Tarixiy-zamonaviy roman

qiyomat_kuni-7-

Oqsaroy. Toshkent
“O’rta Osiyo o’ruslarning o’kiniga tushganmi?” Karimov daftarchasiga yozib qo’yilgan bu gapni nima uchun va qachon yozganini eslashga urinardi. Kim aytgan ekan buni? Yangi gap emas. Yangi gap bo’lganda “O’rta Osiyo” emas, “Markaziy Osiyo” deb yozgan bo’lardi. Chunki bu iborani uning o’zi topgandi. Hammani shunga o’rgatdi. O’zi ham bunga rioya qilgan bo’lardi. Demak, bu gapni to’qsoninchi yillarning boshida yozib qo’ygan. Lekin bu savol hali ham javobsiz qolmoqda.
Mana Shanxay Hamkorligi Tashkilotining majlisi Toshkentda o’tayotgani,  hatto Medvedev ana u xonada uni intizorlik bilan kutib o’tirganiga qaramay, bu savol muhimligicha qolmoqda. Faqat Medvedev emas, qolganlar ham uning nima deyishini kutishmoqda.
Karimov O’sh masalasida Rossiya rahbarlari bilan ilk suhbatini esladi. O’shanda uning fikrlari Putinga yoqqandi. Lekin Putin rasmiyatchilik nuqtai nazaridan bo’lsa ham buni yangi saylangan prezident bilan gaplashib qo’yish kerakligiga ishora etgandi.
Karimovdan  O’sh masalasini tinglay boshlagan Medvedev׃
-Men bu haqda atroflicha ma’lumot oldim va ochig’ini aytaman, qarshiman,-dedi.
Nega qarshi bo’ladi, deb o’yladi Karimov. Axir bu masala nafaqat mening, balki uning ham manfaatlariga xizmat qiladi-ku? Balki bu masalani oldin Putin bilan gaplashib qo’yganim buning jahlini chiqardimi? Yosh bola bo’lsa ham nega o’jarlik qilmoqda? Balki meni sindirmoqchimi? Sindirib bo’pti! Men unga Kamchatkaning hokimi emasmanki,  gapini o’tkazsin! Qolaversa, buning jilovi Putinning qo’lida. U otga min desa minadi, tush desa tushadi. Bunga uqtirib o’tirishdan foyda yo’q. Putinga ishora qilaman, agar bu qiziqmasa, boshqa qiziqadiganlar topiladi. Aslida O’sh masalasiga rozi bo’lgani uchun Putinning aytganini qilib, amerikaliklarni quvib yubordim. Nega endi bular tonadi?  Maqsadlari nima?
O’shda vaziyat kundan kunga yomonlashmoqda. Bular 1989-1990 voqealarini ko’rmaganda, alanga qanchalik tez avj olib ketishini bilishmaydi. O’shda bugun dunyo ichida boshqa bir dunyo vujudga kelmoqda. Bu faqat biz uchun emas, ular uchun ham tahlikali.
U chivin chaqaverib paysa-paysa qilib yuborganga o’xshagan yuzini silab qo’ydida, hali o’zing oyog’imga bosh urasan, deb o’yladi va׃
-Bo’lmasa, vaqti kelganda gaplashamiz!- deya Medvedev bilan suhbatga sovuqqina nuqta qo’ydi. Medvedev ham paytava quloq emas ekan, Karimovni tushundi va  tumshug’i tarnov bo’lib osildi. Belgilangan bir qancha masalalar ham chetga surildi.
Shu bilan Karimov qariyb bir yil Medvedevdan o’pkalab yurdi. Uning telefonlariga javob bermadi. Biror muhim gap chiqsa, Putin bilan gaplashdi. Medvedev ham o’chakishgandek, Karimovning jig’iga tega boshladi. Hali kelib Nazarboev bilan uchrashib ketsa, hali kelib kechagina taxtga o’tirgan yangi Turkmanboshi bilan uchrshadimi-ey…
Xullas, ular yosh bolalardek, bir-birlariga o’pka qilishlarini ochiq sezdirishga urinishardi.
Medvedev bir-ikki Karimovni chetlashtirish haqida ham gap ochdi, ammo Putin uni rad edi.
-Uni almashtirsak O’zbekiston Afg’onistonga aylanadi. Keyin boshimiz dardga kiradi. O’zbekistonda bitta millat yashamaydi. Yuzlab millat bor va ularni temir qo’l bilan ezib turilsagina, tinchlik bo’ladi. Buning ustiga diniy redikallar ham katta kuchga ega. Agar Karimov bo’lmaganda O’zbekistonda qachonlardir islomchilar hokimiyatni qo’lga olgan bo’lardilar…,-deb Putin Medvedevni hovuridan tushirgandi.
Bu bilan Putin “pechak handalak” deb biladigani Medvedevni noqulay vaziyatga solayotganini bilardi. Birinchidan, uni mustaqil ish qilmaslikka majburlayotgan bo’lsa, ikkinchidan, Karimovnig yonida bosh egishga undayotgandi. Bu esa Putinning mavqeini oshirardi. Nafaqat Kremlda, balki rus milliyatchilari va siyosatchilari orasida ham uning Karimovga bosh egishini yoqtirmaydiganlar chiqadi.
Putin paytida sobiq Sovet hududlaridagi liderlar uning kaftida o’ynashardi. Istasa o’ynatib, istasa ezardi. Buni safdoshlari bilishardi va bundan g’urur tuyishardi. Medvedevning bu yo’ldan chekinishi ko’zga tashlanaversa, Putinning obro’yi oshaveradi. Lekin Putin Karimovni hurmat qilardi. Qaysidir  xislatlari o’zinikiga o’xshagani va muammolarni echishda xuddi o’zi kabi harakat qilishlarini yoqtirardi. Buni hatto Karimovning o’ziga ham aytgandi׃
-Ba’zilar shunday holatda hasad qilishadi, men esa sizni hurmat qilaman,-degandi u Karimovga.
Karimov buni to’g’ri qabul qilgan  va u ham Putinni hurmat qilishini aytgandi. Lekin baribir ichida nima uchundir unga ishonmaydi. Shunga qaramay, uni samimiy safdosh deb qabul qiladi. Shuning uchun ham Medvedevdan qo’rqmas, O’sh masalasida uni baribir ko’ndirishiga ishonardi.
Buning uchun avval boshqalarni ishontirishga kirishdi. Xitoy darhol rozi bo’ldi. Bu katta yutuq edi. U to’plangan hujjatlarning bir qismini Xitoy rahbariyatiga berib qo’ydi.  Berilgan hujjatlar orasida mana bular ham bor edi׃
“Hizbut-Tahrirning” Qirg’izistondagi vakili Dilyor Jumabaev: “Turmalarda odamlarimiz ko’p, biroq ozodlikka chiqqan minglab odamlarimiz ham bor. Turmadan keyin ular endi hech narsadan qo’rqmaydilar. Tez orada, juda ham tez orada biz islomiy xalifat o’rnatamiz”. (“Al-jazira” telekanali).
”Turkiya bosh vaziri lobbichilik uchun mo’ljallangan va hisobi so’ralmaydigan fondidan Markaziy Osiyoda islomiy kuchlarni qo’llash uchun 50 million AQSh dollari miqdorida yordam ajratgan. Bu mablag’ O’shdan borgan uch kishiga berilgan va nazorati Turkiyadagi diniy guruhlarga yuklatilgan. Shu mablag’ning kuchi bilan Turkiyadagi bir qancha tariqat O’shga o’z vakillarini yuborgan. O’shda hatto Ajzmandiylar guruhi ham tuzildi.(Turkiya Bosh prokurorining sudga taqdim etgan ayblov fikridan).
”Turkiyadan qaytgandan keyin qo’lga olingan K. ismli uyg’urning bergan ko’rsatmalariga qaraganda, Olmoniya, Kanada, AQSh va Turkiyada yashaydigan uyg’urlar jamiyatlari bir necha million dollarga engil qurollar olib, O’shdagi qarorgohlarida jamlamoqdalar. Bu qarorgohning adresi bizda bor va sirtdan kuzatuv olib borilganda mahbusning ko’rsatmalari tasqidlandi”. (Bizning Qirg’iziston hukumatiga taqdim etgan ma’lumotimizdan).
“Bugun dunyodagi narkotik moddalar miqdorining 94 foyizi Afg’onistonda etishtiriladi va Tojikiston chegaralariga yaqin joylardagi 143 ta mini-labaratoriyada marixunaga aylantirilib, O’shga olib boriladi. O’sh taqsimot markazi bo’lib, narkotiklar shu erdan uch yo’nalish bo’yicha tarqatiladi. “Shimoliy marshurut” bo’yicha bizning odamlarimiz “ekilgan” va olgan ma’lumotlarimizga ko’ra,  Rossiya hududiga yilliga 50 tonna marixuana kiritiladi va daromadning katta qismi Tolibon,  O’zbekiston Islomiy Harakati va Sharqiy Turkiston tashkilotiga yuboriladi.(Bizning BMTga taqdim etgan ma’lumotimizdan).
Karimov taqdim etilgan ma’lumotlarga yana bir marta nazar solar ekan, ulardan birini ajratib qo’liga oldi va qayta o’qib chiqdi׃
“Sobiq prezident Akaevning o’g’li Aydar va qizi Bermet hamda Bermetning eri  O’shdagi kriminalitet bilan birlashib o’lkaga qurol kiritmoqda. Qurol Tojikiston orqali kiritilmoqda”.
Karimov o’ylanib qoldi. Nega Tojikiston orqali? U erda Rossiyaning bazasi bor. Bu tirmizaklar ham Rossiyada. Balki menga aytmay bu Medvedov bir narsani rejalayatimi? Yo’q, u o’zicha ish qilolmaydi. Balki bu Putinning ishi bo’lsa-chi? Uning qo’lidan hamma narsa keladi. Yuzingdan o’pib turib, biqiningga pichoq urishi mumkin. U balki Akaevni qaytarmoqchidir? Bunga ko’zim etmaydi. Chunki u Akaevni lattachaynar deb hisoblardi. “Unga rahmim keladi, ishtonini ho’l qilib qo’ygan bolaga o’xshaydi” degan edi u haqda gapirib. Ana shu rahmi kelgani uchun ham uni qutqazib qoldi. Endi u orqali boshqa narsani rejalayotgan bo’lsachi? Lekin nimani? Buni qanday aniqlashim mumkin?  Putin bunaqa ishni davlat odamiga buyurmaydi. Puldorlardan biriga shipshitib qo’yadi. Puldor esa mahalliy mafiyani ishlatadi. Demak, Bahodirdan so’rashim kerak. U er ostidan ilon o’tsa biladigan yigit.  Mafiya dunyosida nima gap bo’lsa, u biladi. Ishining ustasi. Xayriyat ham uni shu joyga olib keldim. Ko’nglim to’q. U hammasini nazoratda ushlab turadi.
Karimov xayoli  Bahodir Matlubov bilan bo’lgan suhbatga o’tib ketdi.
-Bundan xabaring bormi?-deb so’radi u ruschalab Bahodir Matlubovdan o’shanda.
-Xabarim bor,-dedi Matlubov o’zi tayyorlagan qog’ozni ko’rib.
-Bu tirmizaklar nega aralashib yuribdi? Nega ular O’shda oyog’i olti, qo’li etti?
-Bilasiz, Islom aka, Bermet “Olg’a” partiyasini tuzgan va hukumatni olmoqchi edi. Uning eri foydali korxonlarni o’zlashirgandi. Aydar esa hamma supermarketlar, tungi klublar, aloqa tarmoqlari, hatto uyali telefonlar nazoratini qo’lga olgandi. 2005 yilning 24 martida birdaniga hammasidan ayrildi. Ular Rossiyadagi qora kuchlar bilan yaqin aloqada edilar. Hozir ularni ishga solib, reket yo’li bilan bo’lsa ham boyliklarining bir qismini qaytib olishmoqchi. Shuning uchun qurol tashishmqoda.
-Bu ishda Rossiya hukumatining qo’li yo’qmi?
-Yo’q.
-Kafolat berasanmi?
-Kafolat. Lekin tepasidan emas, ichidan aralashganlar bor. Qurol sotib yuradiganlari…
-Buni Putin bilmaydi deb o’ylaysanmi?
-Menimcha bilmaydi.
Karimov buni “kozir” sifatida o’ynatib ko’rsam bo’ladi, degan xayolga bordi. Lekin Putingami yoki Medvedevgami? Putin bunaqa narsalarni yaxshi qabul qilmaydi. Rossiyani kuzatish senga qoldimi, degan xayolga boradi. Ammo joyi kelsa, Medvedevni iza qilish mumkin.
-Bahodirjon, bu masalada aniq dalillar bormi?
-Bor. Telefon yozuvlaridan tashqari video tasmalar ham bor.
-Agar ular etnik g’avg’o chiqarishni rejalayotgan bo’lishsachi?
-Ular faqat qirg’iz milliyatchilari va mafiyasi bilan ishlashmoqda. Biz har ikki yo’lda ham “to’qnashdik”. Oralariga bir ikki kishini suqdik.
-Ofarin! Ha… qirg’iz mafiyasi bilan o’zbek mafiyasining orasi qanday?
-O’shdagi o’zbeklarmi?
-Nima bizdagini so’rarmidim?
-Yo’q… O’sh va Jalolobodni nazarda tutayapman. Hozir mafiyalari ham ajralgan va bir-biriga qarshi.
-Kimdir oralarini buzganmi?
-Bilasizku, o’zbeklar uchun kimningdir keragi yo’q. Ikki qo’chqorning boshi bitta qozonda qaynamaydi.
-Kerak bo’lsa qaynatish lozim.
-Bo’lmasa yarashtirib qo’yayinmi?
-Yo’q, zarurat tug’ilsa o’zim aytaman. Hozir ularning ichki ishlariga aralashmay tur!
-Gap yo’q!
-Rahmat! Ha… darvoqe ukang atrofida nega bunaqa shov-shuv qilishayati? Ashulachi kelin o’lib qolibdimi?.
-Bilasiz…
-Bilaman, sen qarshi bo’lsang ham Jamshidni men olib kelgandim. Unga Andijonga yaqinlashishni buyurgandim. Uni o’sha yoqqa yubormoqchi edim. Pochcha sifatida borsa xalq yaxshi qabul qilardida. Hatto  mana shu qizga uylanib ham ol degandim.
-O’rtada ayollar janjali ham bor, lekin Andijon va O’sh…
-To’xta! Bu tomoni ortiqcha. Ashulachi bo’lsa ham mard ayol edi. Lekin Jamshid ham barno yigit. Uning uchun bir emas, o’nta qiz ham o’zini osib yuborsa kerak.
-Hech gap chiqmagandi. Lekin narigi tomon kovlab turibdi.
-Sen ham qo’lidan yozish – chizish keladiganlardan yoningga to’pla degandim. Almatov usta edi. Bir qancha chittakchalari bor edi. Sen Alisherni ishlat. Otasining obro’yidan foydalansin. Atrofingda “bulbullar” bo’lmasa, uyqungni buzadigan “chigirtkalar” bo’ladi. Bo’pti, Rustamga o’zim aytib qo’yaman, tinchitadi, sen bu narsalar bilan xayolingni buzma! Jamshidjonga ham salom aytib qo’y, parvo qilmasin, oyim qovoq bo’lib yurmasin!
Keyin Matlubovga javob berib yuborib, Inoyatovga qo’ng’iroq qilgandi׃
-Qani, Jamshid haqida to’plaganlaringni olib kel-chi!
Inoyatov kelgunicha u yana O’sh haqida o’ylay boshladi. Agar janjal katta alangaga aylanib ketsa nima bo’ladi? To’xtatishning imkoni topiladimi? To’xtatgandan keyin mabodo qirg’izlar ham, o’zbeklar ham davomli dahanaki jangga kirib ketsalar-chi? Aslida har qanday urush dahanaki jangning natijasi. Lekin urushdan keyingi dahanaki janglar nimaga olib boradi? Agar yarash, sulh haqida gapirilsa, o’zbeklarni  ko’chib ketishdan saqlab qolish mumkin. Ikki tomon ham yoppasiga dahanaki jangga kirsa-chi? U holda o’zbeklar ketib qoladi. Xo’sh, o’zbeklar u erda qolgani yaxshimi yoki ketganimi? “Qiyomat kuni” loyihasida bu masalaga javob berilganmi? Ular Rossiyaga ketadilarmi yoki chet ellargami? Loyihada bunga javob yo’q. Demak, loyihani tayyorlaganlarni bir qizartirib qo’yaman. U shunday deb telefonning tugmalarini bosa boshladi…
Hozir Karimov  ana shu voqealarni xayolidan o’tkazar ekan Shanxay Hamkorligi Tashkilotining majlisi bahonasida Medvedev Toshkentga kelib, narigi xonada uni mushtoq bo’lib kutib o’tirganiga ishonmasdi. Rejalari shuncha tez amalaga oshgani va hatto Medvedevni kutib olishga chiqmagani – bu hali yaqindagina ham xayolga sig’maydigan gaplar edi. Lekin mana haqiqat bo’lib turibdi. Shuni aytsalar kerakda haqiqatni oy oynaga, eshak eshikka kelganda bilasan deb.
MUXTASAR MA’LUMOT
Bahodir Axmedovich Matlubov
1952 yilning 11 mart kuni Samarqand shahrida tug’ilgan.
SAMDUning ximiya (1975) va huquq(1983) fakultetlarini bitirganligi haqida diplomlarga ega.
1973-1994 yillarda Samarqand  ichki ishlar boshqarmasi jinoyat qidiruv tizimida oddiy inspektorlikdan Siyob tumani militsiya idorasi rahbarligiga qadar vazifalarda ishlagan. Samarqand shahar  ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i va ayni paytda viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig’ining o’rinbosari bo’lgan.
1994-1997 yillarda Buxoro viloyat IIB boshlig’i, 1997 yilda O’zbekiston Ichki Ishlar vaziri o’rinbosari etib tayinlangan.
2004 – 2006 – yillarda davlat Bojxona qo’mitasini idora etgan.
2006  yil 5 yanvardan buyon O’zbekiston Ichki Ishlar vaziri.
U tog’liklarda yashaydigan aholini boshqa joylarga ko’chirish,  diniy tashkilotlar va turli oqimlarni ro’yxatga olish qonuniyligini o’rganish kabi Prezident tuzgan maxsus komissiyalarga rahbarlik qilgan.
(Davomi bor).
JM.

One Response

  1. Assalom alaykum.

Leave a comment