Ассассин (Тарихий-замонавий роман)

Jahongir  Muhammad

Tarixiy roman

Qotil

BIRINCHI BOB

Rustam Abdusoli qorining javoblaridan qoniqmadi va savolini qayta yozib, o‘tirganlar orqali unga yo‘lladi. Qori odati bo‘yicha darsdan keyin sahobalardan birining hayoti haqida hikoya qilar va vaqt qolsa, savollarga javob berardi. U Rustamning savolini o‘qidi:

“Agar Olloh hamma narsani ko‘rib turgan bo‘lsa, bechoralarning qonini ichayotgan militsiyani nega jazolamaydi?”

Abdusoli qorining yuzi tunlashdi. Ammo jahli chiqqanini bildirmadi. U sal narsaga qizib ketmaydigan, zakovatli odam bo‘lsada, bu safar jahlini yashirmadi:

-Bu savol kecha ham berilgan edi. Ovoz chiqarib o‘qimagandim. Oldingi kun ham berilgandi va unda ham o‘qimasdan javob bilan kifoyalangandim. Takror aytaman.

Alloh zulmni harom qilgan va bu haqda payg‘ambarimiz(s.a.v.) orqali bizga yetib kelgan hadislar bor. Zulm qilganlar zulm topadilar, ajrdan mahrum bo‘ladilar.

Biz vaqtimizni mana shunday naryog‘i aniq bo‘lgan bu yog‘i esa shirkka olib boradigan savollarga sarflasak, ko‘p narsani o‘rganmay qolamiz. Iymonni, eʼtiqodni mustahkamlang, hamma narsa o‘zi ayon bo‘lib qoladi. Buning ustiga devorning ham qulog‘i bor,-dedi.

Qachongacha devorning qulog‘idan qo‘rqamiz?, deb o‘yladi Rustam.

Xuddi uning fikrini o‘qib olgandek, Abdusoli qori qo‘shimcha qildi:

-Mana buning natijasida, birodarlar, bizning diyorimizda Islomning asosiy sahih hadislarini bilmaslik vujudga keldi. Takror aytaman, bu narsa o‘z-o‘zidan vujudga kelib qolgani yo‘q. Ajoyib bir ulamolarning qatl qilinib, yo‘qotib tashlanishligi natijasida vujudga keldi. Alloh subhonohu taoloning rahmati bo‘lsin shu shahid bo‘lgan, ashi ulamolarga. Biz bugun o‘tganlardan saboq olaylik.

Ko‘r ko‘z bilan emas, ochiq ko‘z bilan yuraylik!

“Domla meni ko‘r deyaptilar. Demak, hali ko‘p narsani bilmaydi deyaptilar. Bilmasligim mumkin, ammo ana shu bilmaganlarimga qayerdan javob topay? Nega

Xudo sinov uchun bizni tanladi? Shunday desa, “Biz uning sevgan bandalari, u sevgan bandalarini sinaydi” deydilar. Lekin adolatchi? Kim adolat o‘rnatadi?

Agar Xudo adolat o‘rnatishni bizning o‘zimizga tashlab qo‘ygan bo‘lsa, nega devordan qo‘rqishimiz, nega o‘zimizni ko‘r deb faraz qilishimiz kerak?”

Rustam kallasiga kelgan fikrlardan cho‘chib ketdi. Yo‘q, uni fikrlar uyqusidan uyg‘otgan qorining so‘zlari edi.

-Shirkka yo‘l bermang. Mana, bir podshohni olib ko‘ring. U ko‘p narsani, ko‘p jinoyatchilarni avf etishi mumkin. Ammo o‘ziga g‘alayon qilganni hech kechirmaydi.

Shirk Alloh subhonohu taolloga g‘alayon qilishdir. Bu kechirilmaydi. Shuning uchun ham Alloh subhonohu taollo g‘ayurdir. Bilasiz, Saad raziyallohu anhu nihoyatda g‘ayur sahobalardan edi. Unga bir kuni savol berishadi:

-Mabodo oilangiz bilan bir ajnabiy erkakni topib olsangiz, nima qilasiz?

-Agar ular birga o‘tirgan bo‘lsalar qatl qilaman,-deb javob berdilar. Shunda sahobalar “Saadning g‘ayratini qaranglar” deganlarida Payg‘ambarimiz (s.a.v.)

“Saad g‘ayur. Man undan ham g‘ayurman, Alloh esa mandan ham g‘ayur. Shuning uchun buzuq ishlarni bandalarining o‘rtasida harom qildi”, dedilar. Yaʼni Allohga g‘alayon qilish bu nihoyat darajada katta gunohdir. Shuning uchun ham Alloh kechirmaydi buni.

Bu Rustamga og‘ir botdi. U shu bilan Abdusoli qorining darslariga qatnamay qo‘ydi. U ilgari qori haqida ko‘p eshitgan va javobsiz savollarga faqat shu yerdagina javob topishi mumkinligiga ishonib, qo‘shni viloyatdan bu yerga kelib, ijarada yashayotgan edi.

Rustamning otasi Qoraboy aka Sovet davri tugab borayotgan yillarda muxolifatning ko‘zga ko‘ringan namoyandasi edi. Avval O‘zbek tili davlat tili bo‘lsin, deya kurashdi. Keyin tabiatni asraylik, deya yugurdi. Mustaqillik shamoli esa boshlaganda adolatli bir davlat qurish uchun kurashdi. Ammo u muxolifatdagilar bilan kelisha olmadi. Bir kuni uyiga do‘stlari kelganda Rustam ham suhbatga quloq tutdi.

-Ko‘zlaringizni ochinglar,-dedi Qoraboy aka,-MXX oramizga josuslarni tiqib tashlagan. Kim biladi, shu yerda ham bittamiz ayg‘oqchi bo‘lishimiz mumkin.

Qoraboy akaning do‘stlari xafa bo‘lishdi.

-Borimiz shu, birimiz-ayg‘oqchi, birimiz-josus, birimiz-ig‘vogar,  yana birimiz-tuhmatchi, lekin kim bo‘lsak ham bugun birlashmasak, tasodifan mustaqil bo‘lgan

davlatimiz mafiyaning qo‘liga o‘tib ketadi,-dedi ulardan biri.

-Agar biz ham siz aytgan kabi odamlar bo‘lsak, mafiyadan nima farqimiz bor, yoki hokimiyat uchun ikki mafiya o‘rtasida jang bo‘ladimi?-deya kesatdi yana biri.

-Balki men xato gapirdim, yoki fikrimni to‘g‘ri ifodalay olmadim, lekin hushyor bo‘lishimiz kerak, har kimga ham ishonmasligimiz zarur, har bir yangi odam kim ekanligini tekshirib chiqishimiz shart,-dedi Qoraboy aka.

-Bu ahvolda Stalindan, beriyachilardan farqimiz qolmaydiku!

Oxiri ular dahanaki jangga borishdi. Keyin ulardan biri otasining yoqasidan oldi va uni xoinlikda aybladi hamda:

-Tupurdim dasturxoningga,-deya o‘rnidan turib ketdi.

Shundan keyin qolganlar ham otasini kamsitib, chiqib ketdilar. Qoraboy aka uzoq vaqt qimirlamay o‘tirdi. Rustam avvaliga otasini tahqirlagan bu odamlarga kamsitish qanaqa bo‘lishini ko‘rsatib qo‘ymoqchi bo‘ldi. Ammo hammalari katta odamlar va doim tortishib, keyin yana yarashib ketishlarini bilgani uchun o‘zini bosdi.

Otasi yuragini g‘ijimlab o‘tirardi. Bir payt:

-Bolam, “Tez yordam” chaqirmasang bo‘lmayapti,- dedi.

U kasalxonada ancha yotdi. Do‘stlari kelib, uning ko‘nglini olgan bo‘ldilar. Ammo Rustam ularni yomon ko‘rib qoldi. Buning ustiga otasi yarimjon insonga aylandi.

Oldingi shijoatdan asar ham yo‘q edi. Rustam mahalla kuyga chiqsa, otasining ayg‘ochi ekanligi, do‘stlarini melisaga sotib turgani, shuning uchun chetlab qo‘yishgani kabi tuhmat gaplarni eshitib qolardi. Demak, otam ham eshitayapti bu gaplarni va shundan ezilayapti, deb o‘ylardi.

Oila katta bo‘lmasa ham tashvishi katta edi. Hukumat hamma narsani kuponga bog‘lab qo‘ygandi. Do‘konga vaqtida borsangiz narsa kelmagan bo‘ladi, keyin borsangiz, vaqt o‘tgan bo‘ladi. Shu bois odamlarga qo‘shilib har kuni navbatda poylashga to‘g‘ri kelardi. Shu orada hukumat pul o‘yinlari qilib, jamg‘armalardagi u-bu narsani ham bir parcha qog‘ozga aylantirib yubordi.

Qoraboy aka muxolifat ishlaridan chetga chiqib qolib, juda ezildi. Bir kuni hovlini garovga qo‘yib, qarz oldi va yoniga ikki o‘g‘lini qo‘shib, qo‘shni mamlakatlardan u-bu narsa keltirib sota boshladi. Muxolifatchidan savdogarga aylandi. Ishlari yurishdi. Tadbirkorlik qilmoqchi bo‘ldi. Borib, gaplashib, bozordan bir joy topdi. U yerda  do‘kon solishdi. Onasi do‘konda o‘tirar, ular esa mol qidirib ketishardi.

Keyin Rustam qo‘shni Qirg‘iziston, Qozog‘istonga qatnab tursa, otasi kasal holiga Turkiya, Arab Amirliklariga borib kelib turdi. Do‘kon kattalashib ketdi. Odamlar uning “josus”ligini ham unutib yuborishdi. Endi hamma Qoraboy akani hurmat qilardi. Mahallada to‘y yoki bir marosim bo‘lsa, uning maslahatini olishardi. Kimdir qarz so‘ragan, kimdir oshga chaqirgan…

Xullas, Qoraboy akaning gapi bilan aytganda “Boyning oyog‘ini yalaydigan davr” boshlangandi.

Bir kun muxolifatdagi eski do‘stlari kelib, yordam so‘rashdi.

-Beraman, nega bermas ekanman, xalqimizning istiqloli uchun hamma pulimni ham beraman, lekin qayerga ketgani haqida menga hisob berasizlar,-dedi Qoraboy aka. Bu gap eski do‘stlariga yoqmadi.

-Keyin u hujjatni MXXda o‘qiymizmi?-dedi ulardan biri kinoya bilan.

-Bu nima deganing?-Qoraboy akaning jahli chiqdi.

-Agar sen MXXga ishlamaganingda ishing shunday rivojlanib ketmasligini,

o‘zing chet ellarga borib-kelolmasligingni ahmoq ham biladi,-dedi ulardan biri.- Biz aslida yordam so‘rab emas, hov uyingda aytgan gaplaring ig‘vo ekanligini yuzingga aytish uchun kelgandik.

Rustam bozorga yaqin machitga qatnab qolgandi. Namozdan keyin esa, Uzoq Sharq sanʼati deya har turli kurashlar, urishish yo‘llarini o‘rganadigan to‘garakka ham yozilgandi. Shu bois uncha-buncha odamga kuchi yetar edi. Otasining sobiq do‘stlarini bir zumda do‘kondan tashqariga chiqarib qo‘ydi.

Ertasiga do‘konni “OBXSS” degan balo bosdi. Bu militsiyaning Sovet davrida hamma yoqqa dahshat solgan sotsialistik mulkni qo‘riqlash bo‘limi edi. O‘zbekiston mustaqil bo‘lganiga qaramay hali bu boshqarma “haq”ini terib yurardi. Bu rasmiy qoidaga aylangandi. “Haq” bermagan do‘konchi mol-mulki bilan yo‘qolib ketardi.

Otasi bermayman, der edi, ammo vaqti kelganda boshini egib “Rustam, ob chiqib ber, padariga laʼnat!” derdi. Shu zayl ulardan ham oyma-oy “haq” olib turishardi. Yana buni o‘zlariga emas, tepadagilar uchun terishayotganini albatta, qistirib o‘tishardi. O‘sha “haq” teradiganlardan biri Rustamning qulog‘iga:

-Tashabbus bizdan emas, ana ulardan chiqdi,-deya MXXchilarni ko‘rsatdi.

Otasini MXXchilar olib ketishdi. Rustamni esa militsiya idorasiga olib borishdi.

Qirg‘izistonga nima uchun borgani, kimlar bilan uchrashgani, otasining chet ellarda qanday aloqasi borligi kabi u javob topolmaydigan yoki “Bilmayman” deb javob qilinadigan savollar berishardi, faqat.

Ammo qamashmadi. Tez-tez chaqirib turishdi. Asta-sekin yaxshi muomala qiladigan bo‘lishdi. Hatto bir-ikki marta birgalikda ovqatlanishga olib chiqishdi. “Otangni chiqarib beramiz” deb topgan-tutganlarini olishdi. Ammo otasidan darak yo‘q edi. Otasi haqida so‘rasa:

-So‘ramay qo‘ya qogin, otang xalq dushmani ekan, uni Toshkanga ob ketishgan, gap oramizda qosin!-deyishardi.

Lekin u onasi, ukasi bilan otasini so‘roqlashga kirishdi. MXX idorasiga borishsa:

-Biz bilmaymiz, balki militsiya bilar?-deyishardi.

Militsiyaga borishsa, yaxshi kutib olishar va “Bu yerlardan qidirib yurmanglar”, deyishardi.

Keyin ular Toshkentga borishdi. Taqillatmagan eshiklari qolmadi, hamma vaʼda beradi, ammo hech qanday amaliy natija yo‘q edi. Oxiri ular otasi so‘roq paytida o‘lib qolgan bo‘lishi mumkin, degan xulosaga ham borishdi. Endi “Hech bo‘lmasa o‘ligini beringlar” deb yolvoradigan bo‘lishdi. Vaqt esa o‘tib ketaverar, inson tashvishlar girdobida cho‘kib boraverar ekan. Ular keyin otasi ko‘milgan joy uchun ham rozi bo‘lishdi. Ammo…

Bir kun borib Toshkentda prezident idorasiga kirmoqchi bo‘lishdi. Qo‘yishmadi.

Shundan keyin milisalar bilan janjallashib qolishdi. Qaytib kelsalar, uylarini yana bosishibdi, tintuv qilib, nasha “topib” ketishibdi.

Endi Rustamning ukasini ham olib ketishdi. Undan ham darak bo‘lmadi. Onasi kun sayin cho‘kib bordi. Sochlari oqardi. Qaddi bukildi. Ko‘zlarining nuri ketdi va bir kun yarim tunda uni chaqirdi:

-Bolam, otangni jasadini top, meni yonimga ko‘m! Ukangni qutqar, kerak bo‘lsa, hovlini ham sot!-deya oldi onasi…

Rustam hayhotdek hovlida bir o‘zi qoldi. Otasining izini topolmaydi. Ukasining qayerdaligini aytishmaydi. Hovlining puli ham shu yo‘lga ketdi. Milisalar usta ekan. Shunday aldashadi-ki, pulni olib borib berganingni o‘zing bilmay qolasan.

Ular Rustamning nazdida xuddi O‘zbekning orasidan chiqqan emas, balki boshqa sayyoradan O‘zbekni yo‘qotish uchun kelgan odamlarga o‘xshardi.

Bo‘lmasa nega bunday? Ularning ham otasi-onasi bormikan? Nega bunday qilishadi? Insoflari yo‘qmi? Xudodan qo‘rqmaydilarmi? Ular aslida xalqni himoya qilishlari kerak emasmi? Qonunlarni birinchi galda o‘zlari buzmoqdalarku?!

Ularni kim tartibga soladi? Bu qanday jamiyat o‘zi?

Uning ana shunday savollari ko‘p edi, ammo javob topolmasdi.

Onasining bir parcha bo‘lib qolgan yuzi esa ko‘z oldidan ketmaydi.

Shundan keyin uning juma kunlarida machitda beradigan savollari keskinlashib bordi. Avvaliga imomning jahli chiqdi. Uni shirk keltirayapsan, deya yaxshi yo‘lga qaytishga undashdi. Keyin unga shubha bilan qaray boshladilar. Ajratib qo‘yishdi. Davralarga olishmadi. Bir kuni “Agar Xudo qarab turgan bo‘lsa, uning shuncha kuchi bo‘lsa, nega adolat o‘rnatmaydi? Uning uchun adolat o‘rnatish oson ish bo‘lsa, qullarini nega buncha qiynaydi? Yoki olimlar hayvonlar ustida sinov o‘tkazgani kabi, Xudo ham bizning ustimizda sinov o‘tkazish uchun yaratganmi? Nega Xudoga ishonmaganlar odamga o‘xshab yashaydilar? Nega o‘g‘rilar, muttahamlar, kazzoblar boy-badavlat, to‘kin-sochin yashaydilar, Xudoga ishonganlar esa g‘arib va qashshoq? Nega?”, deb qaltis savol berib qoldi. Uni mast-alast deb o‘ylashdi.

“Kofir”, deya hayqirishdi. Otasining “josusligi”ni tilga olishdi. Keyin kavushini to‘g‘irlab qo‘yishdi.

Shundan keyin melisaxonadagi tanishlaridan biri:

-Bizni ham jonimizga tegib ketgan, senga o‘xshaganlarni ko‘rsak, yuragimiz qon

bo‘ladi,-dedi.

Shunda u, milisalar orasida ham yaxshi odamlar bor-ku, degan fikrga ham bordi. Lekin bu biror gap olish uchun menga o‘zini yaqin olmoqda, degan o‘y ustun keldi.

Agar joniga tekkan bo‘lsa, tashlab ketsin? Nima, bola-chaqa boqaman, deb begunoh odamlarni qamab, qiynab o‘tiraveradimi? Ablah, senlarda bola-chaqa bo‘lsa, boshqalarda yo‘qmi? Nima, endi hamma bola-chaqasini boqish uchun kimnidir qiynashi kerakmi?

Rustam sayyorani qanday qilib minish mumkin ekan, deb o‘ylanib qolgandi. Keyin tushunsa, gap mashina haqida ketayotgan ekan.

Namozdan keyin qaytishar ekan, Akmalxon kassetani ishga soldi:

-Domlaning suhbatlariga yetisholmadik, mana endi eshitamiz. Ammo Sobitxon okamga teng keladigani yo‘q,-dedi.

Shunda Rustam entikib ketdi. U Toshkentga yo‘lga chiqishidan oldin so‘nggi umid joyi qolgani va u ham bo‘lsa Sobitxon qori ekanligini o‘ylagandi. O‘zi bilmagan holatda uning machitiga borib qoldi.

U magnit lentasiga yozilgan suhbatni eshitib bordi. Rostdan ham Abdusoli qori bilan Sobitxon qori ikki dunyo ekan. Abdusoli qori faqat din, tavhid haqida gapirar va kamdan-kam chetga chiqardi. U din hukmron bo‘lmaguncha hech narsa o‘zgarmaydi, deb aytar edi. Sobitxon qori esa asosan bugungi hayot haqida gapirar ekan.

Ular ish joyiga yetib kelganlarida Rustam:

-Akmalxon aka, bu kassetani qatdan topsak bo‘ladi,-deyishga jurʼat etdi.

-Okasi mana bizdan topasiz-de.! Mana olvoling, shu sizga, istasangiz yana besh-o‘nta bor, hammasini ob keb beraman. Man bularni bir necha kopiyadan qib tashaganman.

-Rahmat, oka, Xudo rozi bo‘sin…

-Darvoqe, mashinang yo‘q, qatta eshitasan? Magnitafoning bomi?

-Ovolaman, bittasini…

Ertasiga Akmalxon bitta magnitofon bilan Sobitxon qorining yigirmaga yaqin kassetasini keltirib berdi. Rustam har kun ishdan qaytishi bilan Sobitxon qorining suhbatlari, Quroni Karimga sharhlari, savollarga javoblarini qayta-qayta eshitar edi.

Juma kunlari Akmalxon ularni machitga olib borib qo‘yar va o‘zining zarur ishi chiqib qolganini aytib, ketib qolardi. Ikki soatdan keyin kelib, yana ularni olib ketardi. Bir kuni esa, ular bilan birga Juma namozini o‘qib, ularni Sobitxon qorining kulbasiga boshladi. Machitning katta ko‘cha tomonida kichkingina hujrada yashar ekan u. Bitta xonada o‘nlab magnitofonlar turibdi. Demak, kassetalar shu yerda yozilar ekan, deb tushundi Rustam. Hujra juda kichkina va juda g‘arib edi. Hamma yoqda kitob. Burchakda esa joynamoz to‘shalgan. Xona namiqqan bo‘lib, zax bosgandek. Hatto yonayotgan chiroq ham bu zaxlik qo‘ynida nursizlanib qolgandek go‘yo. Ammo Sobitxon qorining tabassum bilan boqib turishi ravshanlik taratayotgandek tuyuldi va Rustam atrofga yaxshi qaray olmay, ko‘zlarini unga tikdi. Keyin uning qarashlariga dosh berolmadi va boshini egib o‘tirdi. Akmalxon esa ularni tanishtirdi.

-Qori aka, mashi yigitlani go‘shti sizga oid, suyagi bizga,-dedi u.

Sobitxon qori jilmaydi-da, ingichka ovozda:

-Astag‘furullo, hali go‘shtxo‘r bo‘lmadik, go‘shtlari o‘zlariga oid,-dedi.

-Domla, doim odammi giribonidan ushlaysiz-a, qoyilman, endi maqol deb aytib yuborgan edim…

-Yo, to‘g‘ri gap,- deya Akmalxonga madad bo‘ldi Sobitxon qori.

Ular qaytishar ekan, Akmalxon:

-Bilasanlami, oilalari Namanganda, o‘zlari mashetta, kecha-kunduz ashi hujrada o‘tiradilar. Baʼzan Namanganga kechasi borib, yana ertalabga qaytib keladila. Bu odamga hamma ham shogird bo‘lolmaydi. Shogird tushsalaring, ikki dunyolaring ham obod bo‘ladi,-dedi.

Akmalxon Juma kunlari ularga taksi puli beradigan bo‘ldi va ular taksi bilan namozga boradigan bo‘lishdi.

Bugun birinchi marta Rustam uyida yozib kelgan savolini jurʼat qilib, Sobitxon qoriga uzatdi. U savolni avval ichida o‘qidi, keyin ovoz chiqarib o‘qidi-da, unga yuzlandi:

-Ukam, siz haqsiz…

Umuman biz mustaqil bo‘lib, nima o‘zgardi? Hech narsa o‘zgargan emas. Hayotimiz yomon bo‘ldiki, yaxshi bo‘lmadi? Nahotki, shuncha odamning ichidan bitta tuzukrog‘i chiqib, tartib o‘rnatishi mumkin emas? Xalqqa nima kerak? Qorni to‘ysin, erkin bo‘lsin, adolat istasa, topsin, tamom. Bu nahotki, shuncha qiyin ish bo‘lsa? Dadam faqat shuni istardilar-ku?! Nega endi u kishini yo‘qotib yuborishdi? Nega dadam ko‘nglidagini ochiq aytishi bilan ertasiga bir kor-hol yuz berardi? Nahotki, bu savollarga javob beradigan tashkilot, odam yo‘q? Nahotki, bu jamiyatni o‘zgartish uchun kurashayotgan kuchlar yo‘q?!

U muxolifatga qo‘shilmoqchi bo‘ldi. Ammo otasining boshiga kelganlar uchun ularni aybdor deb hisoblardi va ular bilan haqiqatni topolmayman, degan qanoatda edi. U ana shunday o‘zi bilan o‘zi olishib yurgan kezlarda kimdir Andijonda Abdusoli qori degan katta olim bor ekan, hamma uning atrofida birlashayotgan ekan, haqiqatni aytishda hech kimdan qo‘rqmas ekan, hatto eng katta rahbarlarga ham tekizib gapirar ekan, deb qoldi. Ana shundan keyin u Andijonga kelgandi.

Mana bu yerda ham savollariga javob topmadi. Endi bir ishni boshlab,  kechqurunlari karate to‘garagiga qatnab yurganda bir tanishi:

-Toshkentga ketmaymizmi, u yerda ish ham bor, keyin katta idoralar yaqin bo‘ladi, tanish-bilish qilib otangni ham topishing mumkin, kegin Sobitxon qorining suhbatlariga ham borardik. Hukumat ham u kishidan qo‘rqar ekan. Agar yaqinlashib qolsang, balki talab qilib, otang va ukangni chiqarib berishlari mumkin,- dedi.

U Sobitxon qori haqida ko‘p eshitgan. Abdusoli qori u haqdagi savollarga “Xudoning sevgan quli, yaxshi shogird”, deb qo‘ya qolardi. Baʼzilar “Ular orasida qandaydir ko‘rinmas nizo bor”, deyishardi. Ayrimlar esa “Ularning qarashlarida farq bor”, desa, hatto “Ikki qo‘chqorning boshi bir qozonda qaynamaydi, gadoning dushmani gado bo‘ladi” deganlar ham bor edi.

Bir kishi esa “Abdusoli qori hadislarni mahkam ushlagan, ahli sunna va jamoa yo‘lini mahkam tutgan, bundan boshqa narsa bilan murosa qilmaydi, baʼzi gaplari Ahmad ibn Hanbalning gaplari kabi o‘tkir, sahih hadislarni qonun deb biladi, qolganlarini esa dushmanlar qo‘shgan deb hisoblaydi”, degan edi. U Ahmad ibn Hanbal kimligini bilmasdi. Keyin tushunishicha u Hanbaliylik mazhabining asoschisi ekan. Uning qarashlari bilan vahobiylarning qarashlari bir-biriga yaqin bo‘lgani, din asoslarida juda qattiq turishgani bois baʼzilar Abdusoli qorini ham shu yo‘lga mansub bo‘lishi va buni yashirishi mumkin, deb o‘ylashar ekan.

Ammo Rustam uning doim hanafiylikka daʼvatlarini eshitdi va yuqoridagi gaplarga eʼtibor qilmadi.

Sobitxon qorini esa ko‘proq zamonaviy, hamma narsani bugungi kunga bog‘laydigan, murosaga boradigan, ayollarni ham diniy faoliyatga boshlash tarafdori bo‘lgan odam deyishardi. Lekin faqat Hanafiylik mazhabiga bog‘lanib qolmaslik kerak, degan gaplari uchun uni ham boshqa mazhablarga va  vahobiylarga yaqin tutganlar bor edi.

Bir marta mufti uni vahobiylikda ayblagan ekan, muftining o‘zi Saudiya Arabistonida vahobiylar homiyligida o‘qigani, yashaganiga shaʼma qilib, “Eshakni kuchi halol, go‘shti harom bo‘lganidek, vahobiylarning o‘zi yomon, puli yaxshi ekan-da” degan gapi mashhur bo‘lib ketgandi.

Ayrimlar esa, Abdusoli qori bilan Sobitxon qori bir odam, goho yashirin uchrashib turadilar, nimagadir buni yashiradilar, deb ham aytishardi. Rustam bunday gaplarga u qadar tushunib yetolmas va otasining muxolifatdagi hayoti kabi bu sohada ham gap ko‘p ekan-da, deb o‘ylar edi. Ammo baribir Sobitxon qorini ko‘rishni istardi.

Shu zayl u tanishi bilan Toshkentga keldi. Bir benzin sotuvchisiga mardikor bo‘lib yollanishdi. Tez orada cho‘ntaklari pul ko‘rdi.

Rustamning xayolida pul degan narsa yo‘q edi. Nima bo‘lsa ham otasi haqida bir xabar topishi, onasining vasiyatini bajarishi kerakligi haqida o‘ylardi.

Bir kuni benzin sotuvchi Akmalxon ularga:

-Yuringlar To‘xtaboyvachchaga borib kelamiz,-dedi.

Ular tushunmasdan angrayib turganlarini ko‘rgan Akmalxon:

-Jumaga,-deb qo‘shib qo‘ydi.

Akmalxon bo‘yi past, qorni katta bo‘lgani uchun dumaloq ko‘rinar va tez-tez yurib borayotganda yumalab ketayotgan tarvuzni eslatardi. U kim bilan gaplashmasin, o‘sha odamning ismiga “xon” qo‘shimchasini qo‘shardi. Ismini bilmasa “okaxon” der edi. Shu bois uning o‘zini ham Akmalxon deyishardi. Yuzi doim kulib turardi. Xafa bo‘lganda ham kulayotganga o‘xshardi. Ammo ishiga usta edi. Xaridorlarni tanirdi. Bundayroq odam kelsa, parvo qilmasdan ishini qilaverardi, ammo kostyum-shim kiygan, bo‘yinbog‘li odam bo‘lsa, yoki mashinasi yangi, xorijiy rusumda yoki hukumatga oid raqamli bo‘lsa darhol haydovchining qayerdan ekanligini topib olardi.

Agar Andijondan bo‘lsa, so‘zlariga “ashi” degan qo‘shimchani qo‘shib gapirardi. Agar namanganlik xaridor kelib qolsa, “keluttu, ketutti” deb shunaqa sayrab ketardiki, benzin olgan odam necha litr olgani va necha so‘m to‘laganini unutardi. Samarqanliklarga “kelopti, ketopti” degan kalimalarni ishlatsa, qashqadaryoliklarga gapirganda “e, yo‘q”ning o‘rniga “e, jo‘q” deb qo‘yardi. Xaridor ranjib qolmasin deb izoh ham berardi.

-Talabalar shaharchasida “Surqash”, “Fan”, “Sambux” kabi bir qancha guruhlar bor edi. Bir-birlari bilan urushgani-urushgan edi. Men orada sulh elchisi edim. Ashi paytda shevalani suv qib ichvorganmiz-de, okaxon,-derdi u.

U Toshkent shevasini ham shu qadar puxta egallab olgan ediki, birov uning asli Farg‘onadan kelganini bilmasdi..

-Oka, Achavotti orqasida, chinni zavuddi yonidayi Baxtini taniysizmi? Ha, tanimaysiz. Ma, she, Baxtichi, voy, shunaqa quruqlanar edi-ki, “Bir svistok chasam, Beshyog‘ochdan ikki moshin, yana bir svistok chasam, Xastimomdan ikki moshin bolla keladi, sani trafaret qib tashov ketoviza” derdi. O‘zi trafaret bo‘b ketdi. Eski Juvada mardikorlik qivotti, svistok chalishga ham vaqti qomagan!

U latifalarga ham usta edi:

-Okaxon yangisini eshitdingizmi…,-deb boshlardi.

Butun Toshkent shahridagi milisalar uning oshnasi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Hammasi uning yoniga keladi. Odamlar ham buni biladilar, shuning uchun ko‘p ishlarini u bilan bitiradilar. Rustam ham ko‘nglini unga yorishni istardi. Ammo u Rustam bilan oshnasi Shokirga juda jiddiy muomala qilardi. O‘zini xuddi mamlakat prezidentidek tutardi. Hatto salomlariga alik olganda ham xuddi televizorda gapirayotgandek qilib, hol ahvol so‘rardi. Shundan nariga o‘tmasdi.

Uning yangi mashinasi bo‘lib, uni orqaga qo‘yar va bo‘sh vaqti qoldi deguncha borib qayta-qayta changini artaverardi. Mashinaning hali u yeriga, hali bu yeriga tupuraverib, tomog‘i qurib qolgandagina qaddini rostlab atrofga alanglardi. Yoki muhimroq xaridor ko‘rinib qolsa, darhol mashinaga tupurishni to‘xtatib, oldinga o‘tardi. Hatto mashinasini tozalashni ham ularga ishonmasdi. Shuning uchun Rustam unga gapirishga tortinardi.

U o‘ziga xos bir dunyo edi. Mana endi uning jumaga borishini ham bilishdi. Rustam kelganidan beri machit haqida o‘ylamay ham qo‘ygandi. Namozning farzini o‘qib olar va qolganiga sharoit bo‘lmagani bois uzr joiz deb qo‘yardi. Ammo kechqurunlari qarzimni o‘qib olay, deb bir necha rakat ortiqcha ham o‘qib yuborardi. Baʼzan esa namoz o‘qiyotib, xayolga botib qolar va keyin gunoh ish qildim, deb o‘zi bilan o‘zi olishib yurardi.

Ular To‘xtaboyvachcha machitiga yaqinlashganlarida hammayoqni odam bosgandi. Sag‘bon ko‘chasiga qadar mashina qo‘yadigan joy yo‘q edi. Akmalxon mashinani uzoqda qo‘ydi-da:

-Uh, kechikib qoldik, shekilli,-deb yigitlarga qaramasdan pildiragancha oldinga yugurib ketdi.

Rustam atrofda baʼzi odamlar telekamera ko‘tarib yurganini ko‘rib, bu yerda film olishmoqdami, deb o‘yladi. Ammo yodiga Andijondagi katta Jome oldida turadigan kuzatuvchilar tushib, sergak tortdi. Boshini egib ichkariga kirganda qori oyatlarni mumtoz qo‘shiq kabi maromiga yetkazib o‘qiyotganini eshitib, joyida to‘xtab qoldi. Kimdir uning shimidan tortdi va:

-O‘tir, -dedi.

U Abdusoli qorini eng yaxshi qiroatchi, deb o‘ylab yurar edi. Darvoqe, u nafaqat qiroat qilishda usta, balki ko‘p narsa bilardi ham. Xuddi kompyuter kabi har qanday savolga bir zumda javob topar, hadisi va oyatini keltirar va javobini arabcha kalimalar bilan “betonlab” qo‘yardi. Uning kalimalari orasidan birorta ham ruscha so‘z topolmas edingiz. Ammo arabchani ko‘p ishlatardi. Bir kun:

-Mana odamlar yangi-yangi sayyoralar minib yuribdilar,-dedi.

Rustam sayyorani qanday qilib minish mumkin ekan, deb o‘ylanib qolgandi. Keyin tushunsa, gap mashina haqida ketayotgan ekan.

Namozdan keyin qaytishar ekan, Akmalxon kassetani ishga soldi:

-Domlaning suhbatlariga yetisholmadik, mana endi eshitamiz. Ammo Sobitxon okamga teng keladigani yo‘q,-dedi.

Shunda Rustam entikib ketdi. U Toshkentga yo‘lga chiqishidan oldin so‘nggi umid joyi qolgani va u ham bo‘lsa Sobitxon qori ekanligini o‘ylagandi. O‘zi bilmagan holatda uning machitiga borib qoldi.

U magnit lentasiga yozilgan suhbatni eshitib bordi. Rostdan ham Abdusoli qori bilan Sobitxon qori ikki dunyo ekan. Abdusoli qori faqat din, tavhid haqida gapirar va kamdan-kam chetga chiqardi. U din hukmron bo‘lmaguncha hech narsa o‘zgarmaydi, deb aytar edi. Sobitxon qori esa asosan bugungi hayot haqida gapirar ekan.

Ular ish joyiga yetib kelganlarida Rustam:

-Akmalxon aka, bu kassetani qattadan topsak bo‘ladi,-deyishga jurʼat etdi.

-Okasi mana bizdan topasiz-de.! Mana olvoling, shu sizga, istasangiz yana besh-o‘nta bor, hammasini ob keb beraman. Man bularni bir necha kopiyadan qib tashaganman.

-Rahmat, oka, Xudo rozi bo‘sin…

-Darvoqe, mashinang yo‘q, qatta eshitasan? Magnitafoning bomi?

-Ovolaman, bittasini…

Ertasiga Akmalxon bitta magnitofon bilan Sobitxon qorining yigirmaga yaqin kassetasini keltirib berdi. Rustam har kun ishdan qaytishi bilan Sobitxon qorining suhbatlari, Quroni Karimga sharhlari, savollarga javoblarini qayta qayta eshitar edi.

Juma kunlari Akmalxon ularni machitga olib borib qo‘yar va o‘zining zarur ishi chiqib qolganini aytib, ketib qolardi. Ikki soatdan keyin kelib, yana ularni olib ketardi. Bir kuni esa, ular bilan birga Juma namozini o‘qib, ularni Sobitxon qorining kulbasiga boshladi. Machitning katta ko‘cha tomonida kichkingina hujrada yashar ekan u. Bitta xonada o‘nlab magnitofonlar turibdi. Demak, kassetalar shu yerda yozilar ekan, deb tushundi Rustam. Hujra juda kichkina va juda g‘arib edi. Hamma yoqda kitob. Burchakka esa joynamoz to‘shalgan. Xona namiqqan bo‘lib, zax bosgandek edi. Hatto yonayotgan chiroq ham bu zaxlik qo‘ynida nursizlanib qolgandek go‘yo. Ammo Sobitxon qorining tabassum bilan boqib turishi ravshanlik taratayotgandek tuyuldi va Rustam atrofga yaxshi qaray olmay, ko‘zlarini unga tikdi. Keyin uning qarashlariga dosh berolmadi va boshini egib o‘tirdi. Akmalxon esa ularni tanishtirdi.

-Qori aka, mashi yigitlani go‘shti sizga oid, suyagi bizga,-dedi u.

Sobitxon qori jilmaydi-da, ingichka ovozda:

-Astag‘furullo, hali go‘shtxo‘r bo‘lmadik, go‘shtlari o‘zlariga oid,-dedi.

-Domla, doim odammi giribonidan ushlaysiz-a, qoyilman, endi maqol deb aytib yuborgan edim…

-Yo, to‘g‘ri gap,- deya Akmalxonga madad bo‘ldi Sobitxon qori.

Ular qaytishar ekan, Akmalxon:

-Bilasanlami, oilalari Namanganda, o‘zlari mashetta, kecha-kunduz ashi hujrada o‘tiradilar. Baʼzan Namanganga kechasi borib, yana ertalabga qaytib keladila. Bu odamga hamma ham shogird bo‘lolmaydi. Shogird tushsalaring, ikki dunyolaring ham obod bo‘ladi,-dedi.

Akmalxon Juma kunlari ularga taksi puli beradigan bo‘ldi va ular taksi bilan namozga boradigan bo‘lishdi.

Bugun birinchi marta Rustam uyida yozib kelgan savolini jurʼat qilib, Sobitxon qoriga uzatdi. U savolni avval ichida o‘qidi, keyin ovoz chiqarib o‘qidi-da, unga yuzlandi:

-Ukam, siz haqsiz…

IKKINCHI  BOB

Qoraboy aka ichida bo‘lgan mashina MXX viloyat boshqarmasining temir darvozasi yoniga kelganda, xuddi uni kutib turgan kabi darvoza darhol lang ochildi va mashina g‘izzillagancha ichkariga kirib ketdi. Qoraboy akani zax bir xonaga olib kirishdi. Qo‘liga solingan kishanni yechmasdan tashlab ketishdi. U nima yuz berganini oz bo‘lsada tushungan edi.

Muxolifatning orasida yurgan ayg‘oqchilarni aniqlagan va boshqalarni ehtiyot bo‘lishga daʼvat qilgandayoq boshiga shunday kun kelishini taxmin qilgandi. Ammo unutishdi. Har holda o‘sha kezda yuz bergan yurak xuruji uni asrab qoldi. Mana endi kechagi voqeadan keyin yana ularning ko‘ziga tikandek sanchildim, shekilli?! Bir-ikki po‘pisa qilib, qo‘yib yuborishsa kerak? G‘alvirga ilinadigan biror narsa topolmasliklari aniq. Keyingi yillarda muxolifatga ham qo‘shilganim yo‘q. Darvoqe ular qamoqqa olinganimni eshitishgan va dunyoga jar solayotgan bo‘lsalar kerak? Nima bo‘lganda ham ilgari birga edik-ku?! Buni eshitib qolgan Toshkent “Qo‘yib yuborlaring, yana bitta bosh og‘rig‘ini nima qilamiz” deyishi mumkin, deb o‘ylardi u.

Nima uchundir ko‘ngli xotirjam edi. Uyini bosganlarida yuragi bir o‘ynab ketdi, ammo keyin o‘zini ushlab oldi. Yuragi joyidan qo‘zg‘alib bo‘g‘zida “gup”-“gup” urayotganini nazarda tutmaganda ahvoli unchalik yomon emas edi.

U xonaga razm soldi. Eshikka qarshi tomonda tepada bir tuynuk bor. Juda qalin temir panjara o‘rnatilgan va ustidan yana simto‘r tortilgan. Tashqaridagi daraxtning bir shoxini arang ko‘rsa bo‘lardi. Shundan taxmin qildiki, bu joy yerto‘la ekan. Demak, mashina binoning ostiga kirib kelarkan-da!

Devor beton va nam tortgan. Shu bois xonaning havosi qo‘lansa edi. O‘tiradigan, yotadigan joy yo‘q. Hojatga qayerga borar ekan?

U xayollarga g‘arq bo‘lib ketdi. Ishqilib, Rustamga tegmasinlar.

Ammo shu o‘g‘lidan umidi juda katta. Tug‘ilganidan shu kunga qadar hech ozor bermadi. Esini tanibdiki, otasining do‘sti. Maktabda yaxshi o‘qidi. Sakkizinchi sinfdaligidayoq shahar, viloyat olimpiadalarida g‘olib chiqib, keyin respublikada ham adabiyot sinovida uchinchi bo‘ldi. Uncha-buncha sheʼr ham yozardi. Ammo bir muddat siyosatga qiziqib ketdi. Bunga balki men sababchi bo‘lgandirman? Balki O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berish uchun kurashgan paytlarimiz uni siyosat dunyosiga boshladimikan? Ko‘p tashkilotchi emas, ammo odamlarni indamay eshitishni yaxshi ko‘rardi. Keyin shundan xulosa chiqarardi. Xulosalari o‘zi kabi o‘ktam. Bir kun:

-Bolam, yaxshi o‘qisang kelajakda Tashqi ishlar vaziri bo‘lishing mumkin,-dedi Qoraboy aka unga.

-Nega endi aynan Tashqi ishlar vaziri,- deb so‘radi Rustam.

-Mamlakatni dunyoga tanitadigan odam Tashqi ishlar vazirida,-deb javob qildi u.

-Baʼzan mamlakatni oddiy bir ishbilarmon ham dunyoga tanitishi mumkin…

Juda qiziq, hamma yoshlar kasb tanlashda baland dorga osilsalar Rustam oliygohga borishni istamasdi, orzusi ishbilarmon bo‘lish edi. Lekin Qoraboy akaning majburlashidan keyin instutga hujjatlarini topshirdi. Inshodan xursand bo‘lib qaytdi. “Juda yaxshi bilgan mavzu tushdi. Boplab yozdim”, deb kelgandi, ammo yiqitishdi. Qoraboy aka rektorning yoniga bordi.

-Bu bola respublika olimpiadasida g‘olib chiqib, qanday qilib sizlardan o‘tolmasligi mumkin?-dedi u rektorga.

-Shu bolangizni o‘qitish niyatingiz bor ekan, oldinroq kelish kerak edi. Yanagi yilga harakatni ertaroq boshlang, bilamiz iqtisodiy qiyinchilik mavjud, shu bois hozirdan harakat qilib borsangiz o‘sha kezda og‘ir tushmaydi! Birovni o‘rtaga aralashtirib yurmang, to‘ppa to‘g‘ri o‘zimga keling, o‘zim o‘g‘lingizni o‘qitib beraman!-dedi rektor.

Shundan keyin Rustamning ko‘ngli cho‘kib qoldi. Adolat anqoning urug‘i ekan, degan xulosaga borib qolgandi. Keyin yana tadbirkorlik haqida gapirib yurdi. Bir ish qilaylik, der edi. Pulni yaxshi ko‘rib qoldimi desa, yo‘q, pulga ham mehri unchalik emas.

Qoraboy aka kasal bo‘lib yotib qolgan kezlar faqat shuni esladi. Mehr qo‘ygan o‘g‘limni o‘qishga kirita olmadim, endi mustaqil bo‘ldik, Sovet davridagi poraxo‘rliklar qolib ketdi, deb o‘ylagan edi. Qarasa yana-da ochiq bo‘libdi. Rektorning o‘zi uyalmay shaʼma qilib turibdi. O‘g‘lining orzusi ushalishi uchun nima qilish kerakligini o‘yladi. Haqiqatdan ham daraxt o‘zi yoqtirgan joyda o‘sadi deganlari to‘g‘ri ekan. Ish boshlashlari bilan Rustam yayrab ketdi va tezda tadbirkor bo‘lib ko‘zga tashlandi. Man endi eski do‘stlarimga qiziqqonlik qilib, uning yo‘lini to‘smasam bo‘lgani edi…

Shu payt eshik ochilib uning xayoli bo‘lindi. Ikki o‘zbek yigiti uni yuqoriga boshlashdi. U Sovet davrida KGB haqida o‘ylaganda faqat ko‘z oldiga badbashara uruslar kelar edi. Hozir uni olib borayotgalar esa, kelishgan, istarasi issiq o‘zbek yigitlari edi. Ularning o‘qimishli ekanliklari ham yuzlaridan bilinib turibdi. O‘zimizdan ham chiqar ekan-ku, degan bir g‘urur ham ko‘nglining bir chetini qitiqlab o‘tdi.

Uni bir xonaga olib kirishdi. U yerda yana ikki kishi kutayotgan ekan. Kuzatib kelganlarga javob berishdi va Qoraboy akaning qo‘lini yechib unga suv uzatishdi:

-Endi gap bunday, oqsoqol,-dedi ulardan biri.-Agar qilgan hamma ishlaringizga darhol iqror bo‘lib, biz aytgan takliflarni qabul qilib mana bu qog‘ozni imzolasangiz ish oson kechadi. Siz ham qiynalmaysiz, biz ham. Bu safar adi-badi aytib o‘tirishga, sizni sindirish uchun haftalar sarflashga vaqtimiz yo‘q. Sizni tuzoqqa biz ilintirgan emas, o‘zingiz ilindingiz. Xullas 24 soat vaqtimiz bor,-dedi ulardan biri eshik tomon yurar ekan.

-Hali soqol qo‘yganim yo‘g‘-ku, qayoqdan oqsoqol bo‘laman,-dedi u hazil aralash,- keyin nima ish qilibmanki, undan bo‘yin tovlasam. Qanaqa tuzoqqa ilinibman, bunday ochiq gapirmaysizlarmi?

-Soqol qo‘yganingizda-ku ishimiz ancha oson kechgan va sizni oldinroq tanigan bo‘lardik, ammo besoqol bo‘lib yurganlardan cho‘chish kerak ekan,- dedi chiqib ketishga shaylangan odam.

Endi bu Qoraboy akaning hamiyatiga tegdi. Buning ustiga ular unga eʼtibor qilmasdan ruschlab gaplasha boshladilar. Keyin unga ham ruscha muomala qila boshladilar.

-Hov baraka topgurlar, biz mustaqilmiz, endi ona tilida gaplashaveraylik,-dedi u.

-Mana ko‘rdingizmi, birinchi qilmishingizni o‘zingiz ham tan olib turibsiz. Konstitutsiyamizda yozib qo‘yilgan, millatlararo fitna uyg‘otish bu jinoyat. Bilasizmi, faqat shuning o‘zi uchun bo‘yningizga 15 yilni osishimiz mumkin. Nima ishingiz bor odamlar qaysi tilda gaplashadilar?

-Ha, endi…

Ko‘rinishidan mansabi kattaroq bo‘lgan haligi kishi ruschalab “Tezlashtir!” dedi-da chiqib ketdi va uni kuzatib qolgan yigit birdan jiddiy qiyofaga kirib;

-Moskvaga nimaga borgan edingiz,-dedi.

-Ish minan..

-Turkiyaga-chi?

-Ish minan-da, uka, men bekordan-bekorga boraman-mi?

-Xo‘p, shu yerda to‘xtab turing. Men javoblaringizni mana bu yerga yozib borishim kerak. Demak,, Moskvaga va Turkiyaga borganingizga va bekordan bormaganingizga iqror bo‘ldingiz. Ana shunday hamkorlik davom etsa, bu ishni tez bitiramiz-, dedi u Qoraboy akaga zaxarxanda julmayib. Keyin savol-javob birdan keskin tus olib, “qizib” ketdi.

-Moskvada kim bilan uchrashdingiz?

-Hech kim bilan…

-Cho‘pchakni chetga qo‘yib turamiz. Shunday katta shaharda hech kim bilan uchrashmay keldingizmi-a?

-Ha, endi bir ikki odam bilan oldi berdimiz bor, shular bilan uchrashdim.

-Qayerda Podmoskoveda-mi?

-Qayerda?

-To‘g‘ri-ya, u yerga bormasangiz ham ish o‘zi bitib ketaveradi. Lekin Kamolov bilan nega uchrashdingiz?

-Qanaqa Kamolov? Bunday tushuntiribroq gapiring. Yoki birov bilan almashtirayapsizmi?

-Kamolov Vyacheslav Muxtorovich, hali yaqingacha O‘zbekiston Ichki ishlar vaziri edi. Nima bilmaysizmi?

-Bilaman, Moskvaga ketib qopti deb eshitgandim.

-U bilan uchrashib, nimalarni gaplashganingizni bilasizmi?

-Yuq, bilmayman.

-Hm, Ahmadjon Odilovni bilasizmi?

-Eshitganman…

-Uning “Amir Temur” partiyasini-chi?

-Shunaqa partiya bor ekanmi?

-Shu partiyaning viloyat rahbarligiga sizni tavsiya qilishganini ham bilmaysizmi? Usmonov bilan nega uchrashgan edingiz?

-U bilan ilgaridan tanishligim bor. Ishbilarmonlar uchun bank ochamiz degan taklifni aytgandi, shuni gaplashgandim.

-Anvar Tillanazarovni taniysizmi?

-Haligi qo‘shiqchimi?. “Anvarbank”…

-Ha, barakalla, qo‘shiqchi edi, Toshkentdagi Achavot mahallasidan chiqqan. U ochgan bankka nega borgan edingiz?

-U ishbilarmonlarga qarz beradi deb borgandim, ammo o‘zi bilan uchrasha olmadim.

-Mana bu suratdagini yaxshilab tanib oling!

-Bu yigitni bilaman, “qorachadan kelgan qo‘shiqchi” degan laqabi ham bor.

-Ha, yashshang, “lo‘li” desangizchi, nima endi vatanimiz taqdiri lo‘lilarga qoldimi?

-Odamning qandayligi millatiga bog‘liq emas. O‘zingiz ham boya millat masalasini gapirayotgan edingiz-ku!

-Ular millat emas, ularga Sovet davrida ham status berilmagan, nahotki shuni ham bilmasangiz. Bo‘pti, mana bu Ahmadjon Odilovning Toshkentdagi uyi. Ichki ishlar vazirligi binosining orqasida. Shu yerda Anvar Tillanazarov bilan uchrashgansiz.

-U yerga borgan bo‘lmasam…

-Yaxshilab eslab qoling, u yerga Adliya vazirligida ishlab turgan Hasan G‘oziyev degan odam bilan birga borgansiz. Mana rasmi. Pakana, semiz odam. Ilgari Ahmadjon Odilovning yuristi bo‘lgan. Keyin Moskvada SSSR mafiyasining hisobchisi, hozir Toshkentda, Oqtepada yashaydi. Kamolov bilan yaqin oshna bo‘lgan. Ertaga Toshkentga borganda balki uchrashib ham qolarsiz. U kishi bilan uchrashsangiz nima desalar “Xo‘p” deng. Hozir mamlakatning jilovi shu kishining qo‘lida. Agar telefonni olib “Zokir, ana u bolani qo‘yib yubor!” desa bas, o‘g‘lingiz militsiyadan chiqib ketadi. Boshqa odamning kuchi yetmaydi. Hozir Zokirjon akamiz, kottakonning eng ishongan odami. Haqiqatdan ham ishonsa bo‘ladigan, o‘g‘il bola u kishi!

Tergovchi shunday der ekan, nima uchundir ko‘zining qiri bilan atrofga va tepaga qarab qo‘ydi. Qoraboy aka esa “o‘g‘il” so‘zini eshitib yana Rustam yodiga tushdi va׃

-O‘g‘lim militsiyada deb kim aytdi sizga?-dedi.

-Mana men aytdim, o‘g‘lingiz Rustamjon qarshidagi militsiya binosida, sayrab o‘tiribdi  hozir.

Qoraboy aka unga ishonmadi. Hali, boya o‘g‘li hovlisida edi. Uni bu yerga olib kelishgandan beri oradan ko‘p vaqt o‘tgan emas. Buning ustiga uni militsiyaga olib borishgan, so‘roq qilayotgan bo‘lsalar bu qayoqdan biladi? Lekin baribir yuragi cho‘kib ketdi. Ammo tergovchi unga o‘ylash uchun fursat bermayotgandi.

-Demak, Kamolov bilan Moskvaga borganda uchrashib, mamlakatimiz rahbarini o‘ldirishni gaplashdingiz…

Qoraboy aka o‘rnidan turib ketdi.

-Sen manga nima deb tuhmat qilayapsan? Bunaqa hazil- pazilingni menga qilma, boshqa gaping bo‘lsa so‘ragin va meni uyimga olib borib qo‘ygin, shomga kechikib qolaman…

-Mana bu sirni ham o‘zingiz ochdingiz, soqol qo‘ymagan bo‘lsangiz ham shomni vaqtida o‘qishni bilasiz. Sanlar ikki yuzlik odam, hali meni sensiraydigan bo‘ldingmi, biqiningdan darcha ochib qo‘yaman, mana bunday qilib,- u Qoraboy akani bir nixtab joyiga o‘tqizib qo‘ydi.- Qani aytchi, biz kimni muxolifatga aralashtirib qo‘ydik? Mard bo‘lsang otini ayta olasanmi? Yoki shunday taxmin qilib, gap sotib yuribsanmi? Aralashgan bo‘lsa, nima qipti? “Tavba”, “Islom lashkarlari” va yana qancha balo-battar tashkilotlar tuzib, Islom davlati qurishlaringga yo‘l qo‘yib berishimiz kerak-mi? Bu xayollaringiz xom. Kichkina o‘g‘lingiz Otabek muxolifat va islomchilarga qo‘shilib, bir qizni zo‘rlashganidan xabarimiz yo‘q deb o‘ylaysizmi?

Qoraboy aka gap juda jiddiylashib ketayotganidan tashvishga tushdi, to‘g‘rirog‘i qo‘rqib ketdi, oyoqlari, qo‘llari qaltiray boshladi. Tuhmat ustiga tuhmat, zarba ustiga zarba odamni tentak qilib qo‘yar ekan. Bu ablahlarga nima kerak o‘zi? Nega bu qadar tuhmat qilayapti? Men kichkina bir odam bo‘lsam, qayerdagi hech kim bilmagan gaplarga qanday qilib aralashaman? U tergovchining hozir yana bir bo‘hton toshi otishidan cho‘chib, qurib qolgan labini tili bilan ho‘llab oldi-da:

-Uka, siz kabi o‘g‘lim bor, shuning uchun bilmasdan sensiragan bo‘lsam ko‘ngilga olmang, shuning uchun ota go‘ri qozixonami, mana siz ham meni sensiradingiz, teng bo‘ldik,-dedi yolvorgan ohangda.

-Siz meni o‘zingizga tenglashtirmang. Teng-tengi bilan, tezak qopi bilan, degan gap bor. O‘g‘lingiz Otabekka kelsak, u ham narigi xonada so‘roq berayapti.

-Unga nima deysizlar, nima gaplaring bo‘lsa mana mendan so‘ranglar. Uni sindirmanglar, u mamlakatga rahbar bo‘ladigan surobi bor. Bu yil Toshkentga borib dorilfununga kirmoqchi. Tuhmat qilmanglar unga, jon uka!

-Ha, yashang, demak, prezidentni o‘ldirtirib, o‘z ug‘lingizni oldingga surmoq rejalaringiz bor ekanda-a?

-Uka gapimdan gap topib hazil qilayapsizmi? Askiyaga ham usta ko‘rinasiz. Bizni nega bu yerga olib keldilaring? Agar u bu narsa kerak bo‘lsa, ana butun topganim sizlarniki!

-Nima, siz menga pora taklif qilayapsizmi? Men vijdonimni harom pulga sotadigan odam emasman. Cizga o‘xshab past ketmayman. Men hayotimni shu hukumatim, shu mamlakatim, shu yurtboshimga tikkanman. Manga ular berayotgan pul yetib ortadi. Sizga esa pora taklif qilganlik aybini ham tirkayman.

Nahotki dunyo bir zumda teskari aylanib ketdi? Xuddi tushdagi kabi voqeadan voqeaga uchib o‘tayotgan va Qoraboy aka hatto nima bo‘layotganini esda saqlolmayotgan edi. Ammo bular nimadir istashmoqda, deb o‘yladi va tashabbusni qo‘lga olmoqchi bo‘ldi:

-Qani sanksiyalaring bormi o‘zi? Nega mani qamaysanlar?!-deya dodladi.

-Sanksiyani uyingizga borganda ko‘rsatishmadimi, o‘sha yerda so‘rash kerak edi?  Bu yer esa sanksiyadan keyingi qaror yoziladigan joy. Endi gap bunday, ertaga sizni Toshkanga olib boramiz, bugun men sizga aytadigan gaplarni hammasini o‘sha yerda bo‘yinga olasiz va keyin prezidentimiz avf chiqarganlarida qo‘yib yuboramiz sizni.

-E, nimalar deyapsiz. Sizlar xato ish qilib qo‘yganga o‘xshaysizlar, adashib boshqa odamni ushlab kelgan ko‘rinasizlar,-dedi Qoraboy aka yana baland ovozda.

-O‘pkani bosib oling. Biz adashganimiz yo‘q. Bizga kerakli odam siz bo‘lasiz. O‘sha Kamolov Moskva KGBsida ishlayapti hozir. Bir guruh odamlarni Podmoskoveda mashqdan o‘tkazib, prezidentimizni o‘ldirish uchun tayyorlamoqda. Bunga muxolifat ham, islomchilar ham, ishbilarmonlar ham aralashgan, bildingiz-mi? Biz bu ishni to‘xtatishimiz kerak. Yaʼni Kamolovning orqasiga tepishimiz zarur. Men sizga qayerga borganingiz va Kamolovga bu yerdan qanday xat olib borganingiz, kim berib yuborgani va boshqa maʼlumotlarni aytaman, siz bu gaplarni Toshkentda va kerak bo‘lsa Moskvada takrorlasangiz bas, vatan tarixi uchun ulkan xizmat qilgan bo‘lasiz.

-Yo‘q, sizlar adashgan, men unaqa odam emas…

-Biz yo‘q deganlarning ko‘pini ko‘rganmiz. Butilkani ustiga o‘tirgandan keyin mo‘min qobil bo‘lib qolishadi,-dedi tergovchi tortmasini ocharkan.

-Meni qo‘rqitmang, men siz aytgan odam emas,-dedi Qoraboy aka yana tovushini ko‘tarib.

-Bo‘lmasa, biroz ishontirishga to‘g‘ri keladi.

Tergovchi Qoraboy aka tomonga o‘tdida uni o‘rnidan turg‘azib ikki oyog‘ining orasiga bir tepdi. Qoraboy akaning nafasi ichiga tushib, hatto “uh” ham deya olmay, o‘tirib qoldi. Tergovchi keyin tortmasidan bitta aroq shishasini oldi-da yerga qo‘ydi. Ikkinchi harakat mana shuni ustiga orqangiz bilan o‘tqazish bo‘ladi. Bu hazil emas. Mana ko‘ring!- deya u videotasmani ishga soldi. U yerda bir yosh yigitni shishaning ustiga o‘tqazishganidagi dahshatli manzara tasvirga olingan ekan. Qoraboy akaning yuragi o‘ynab ketdi. Labi qaqshadi. Tili borib, komiga yopishdi.

“Bu ne ko‘rgilik?! Shu yoshga yetib bunday sharmandagarchilikni yashaymanmi endi?! Biz mustaqil bo‘lib allaqachondan shunaqa ishlar boshlanib ketgan bo‘lsa ertaga nima bo‘ladi?!”

-Ukajon, siz ham uylangan bo‘lsangiz kerak, bola chaqangiz bordir, ota-onangiz bordir? Surishtirib kelsa balki qarindosh chiqib qolaramiz, qo‘ying endi shu gaplarni,-dedi u arang.

-Qo‘yamiz, lekin siz oldin mana bunga qo‘l qo‘ying,-dedi tergovchi.

-Bu nima?

-Hozir sizga aytganlarimiz, qo‘l qo‘yganingizdan keyin qolganini aytaman.

-Bilmagan, qilmagan ishga qanday qilib qo‘l qo‘yish mumkin?

-Agar bundan qo‘rqsangiz alternativ variant bor. Narigi xonada xotiningizni tergov qilishayapti. Yuring ko‘rsataman.

Qoraboy akaning ichidan bir narsa uzilib ketgandek bo‘ldi.

“Yo‘q, bu aldayapti. Agar ularni ham olib kelishganda bitta mashinga solib keltirgan bo‘lardilar.” Xuddi uning fikrini uqib turgandek, tergovchi javob qildi;

-Siz ko‘nmasligingiz mumkin deya orqadan olib keldik,-u shunday deb qo‘shni xonaning eshigini ochdi. U yerda xotini o‘tirgan va uning yonida ham shisha turgandi. Xotini Qoraboy akani ko‘rishi bilan yig‘lab yubordi. Ammo tergovchi eshikni yopdi va Qoraboy akaga:

-Agar rozi bo‘lmasangiz, mana shu yerda ko‘zingizni oldida biz ikkalamiz xotiningizni zo‘rlaymiz,-dedi.

U shunday deb qo‘shni xonadagi yigitga:

-Boshidagi ro‘molini olib ot! Yechintir va bu yoqa olib kel!-dedi.

Qoraboy akaning qoni maynasiga chiqib ketdi. Jon holatda tergovchining basharasiga qarab musht tushirdi. Ammo tergovchi xuddi shuni kutib turgan ekanmi, uning qo‘lini aylanirib yuborgan edi, Qoraboy aka koridorning devoriga borib urildi.

-Hali senmi ko‘nmaydigan to‘ng‘iz, seni bulbul qilib qo‘yaman,-deya u Qoraboy akaning yoqasidan tortib ichkariga olib kirdi.

Keyin bir-ikki mushtlab burchakka itarib yubordida qo‘shni xonadagi yigitga baqirdi:

-Xotinini yechintirib bu yerga olib kel, dedim, sanga. Tez bo‘l!

-Baraka topgur, to‘xta, olib kel o‘sha qog‘ozingni. Mana qo‘l qo‘yish kerak bo‘lsa qo‘yaman, ammo Toshkanga borganda hamma siringni ochaman,-dedi Qoraboy aka yig‘lamsirab.

Tergovchi qog‘ozga qo‘l qo‘ydirib oldida:

-Sen Toshkanda bo‘lganingda xotining va o‘g‘illaring shu yerda bo‘lishadi. Mana shu butilka ham shu yerda turadi, shuning uchun odamga o‘xshab gapimga kirsang, hammasi men aytgandek bo‘ladi. Agar adi-badi aytib o‘tirmaganingda o‘g‘ling va xotiningni javob berib yuborgan bo‘lardik. Hali ham o‘ylab ko‘r, rozimisan, tinch yo‘l bilan hal qilamizmi yoki…

Qoraboy akaning umr yo‘ldoshi eshik yonida ichki kiyimda, ochiq joylarini qo‘llari bilan bekitgancha bir musht bo‘lib, dildirab, yig‘lab turardi. U xotiniga bir qaradiyu boshqa qaray olmadi. Yuragi tipirchilay boshladi. U to‘xta dedi yuragiga, bu safar senga osonlikcha bo‘ysunish yo‘q. Oldin bularni qutqarish kerak, ana undan keyin nima qilsang qilaver!

-Uning kiyimlarini ber, hamma aytganingga roziman,-dedi Qoraboy aka ko‘zlarini boshqa tomonga burib, qo‘lini xotini tarafga uzatar ekan.

Baribir Toshkentga borganda buni fosh etaman, deb tergovchining aytganiga rozi bo‘ldi. Tergovchi bitta yangiroq kostyum olib kelib, Qoraboy akaga kiygizdi va bo‘yniga bo‘yinbog‘ ham taqib qo‘ydi. Keyin suv ichirdi va “Valerianka” berib, o‘zi uning sochlarini tarab ham qo‘ydi. Keyin voqealarni takrorlab berdi va Qoraboy akaning “ko‘rsatma”larini videotasmaga yozib olishdi. Ayni paytda unga bu gapni ruschalab ham aytishni buyurdilar. Buni ham bajardi.

Keyin uni yerto‘laga tergovchining o‘zi olib tushdi. Uni kameraning ichida qoldirar ekan tergovchi:

-Ko‘rdingmi, boya ikkalamizni tenglashtirayotgan eding, men esa farqimiz bor degandim. Farqimiz shuki, sen egoistsan, o‘zingni o‘ylaysan. Ikki yil oldin mitinglarda xalqim, tilim, millatim degan gaplaring safsata, sen kerak bo‘lsa o‘z manfaating uchun hamma narsani sotasan! Qara, yolg‘ondan butilka tiqaman, xotiningni zo‘rlayman,  degan edim, Kamolovni va yana qancha odamlarni yo‘q qilib yuborish uchun rozi bo‘lding. Ularning ham xotini, bola chaqasi borligini esa o‘ylab ham ko‘rmading. Sen eng tahlikali odamsan! O‘zingni o‘ylab, boshqa odamlarni oyoq osti qilib yuborasan. Sen xoin deb yurgan, muxolifatga aralashib yurgan o‘sha yigitlar esa shu vatan, shu millat uchun jonini tikkanlar. Senga o‘xshab qo‘rqoq emas ular. Sening kallang ham ishlamaydi. Agar ishlaganda bilar eding, bu yerga kirdingmi, chiqish yo‘q. Demak, qo‘l qo‘ysang ham o‘lasan, qo‘yamasang ham. Endi sening keraging yo‘q, bilasanmi odamning ismida ham ko‘p gap bor. Senga bekordan Qoraboy deb ism berishmagan ekan!-deya uni tahqirlab, chiqib ketdi.

UCHINCHI BOB

Bugun yakshanba bo‘lgani uchun Shokir bozorga chiqib ketdi. Ular navbat qilib qo‘ygan edilar. Bir hafta Rustam u-bu narsa xarid qilishga chiqsa, keyingi hafta Shokir. Ilgari birgalikda qilardilar bu ishni. Akmalxon ularni shanba va yakshanbada tunda navbatchilik qilishga ham rejalab qo‘ydi. Ammo birgalikda borishmas edi. Bir kun Rustam borsa, ikkinchi kun Shokir. Shu bois ana shunga moslab bozorni ham navbat qilib qo‘yishdi.

Rustam tongga yaqin kelgan bo‘lsa-da, Shokirning chiqib ketganidan keyin uyg‘ondi. U yoq, bu yoqa tovlanib yotdi, ammo uyqusi kelmadi. Shu bois Sobitxon qorining kasetaga yozilgan suhbatini tinglab yotdi. Xotin-qizlar bilan uchrashuvda bir ayol atir qo‘llanish haqida savol bergan ekan. Bu Rustamga ham qiziq tuyuldi Chunki, ilgari olgan darslarida ayollar faqat uydagina atir sepishlari mumkin deyilgandi. Bu haqda Nilufarga aytganida:

-Ko‘ramiz, keyingi hafta atir sepmasdan kelaman, qani chidaysizmi?-deya kulgandi. Shu bois Sobitxon qorining fikrini ham bilmoqchi bo‘lib, diqqat bilan tingladi:

“Xotin qizlarning o‘zlariga atir sepishlari Rasululloh sallalohu alayhi vassalomning sunnati va bu erkak hamda ayol uchun sunnatdir. Lekin ayollarning atir sepib ko‘cha-kuyga chiqishlari, buni begona erkaklarga hidlatishlari taʼqiqlangan. Bu boradagi hadislardan birida, uni At Termiziy hikoya qilganlar, ”Bir ayol atir sepib, begona erkaklar hidlasin deb ko‘chaga chiqsa, zoniyadir…” deyilsa, Abu Davud hikoya qilgan hadisda esa, ”Atirlanib masjidga chiqib, namoz o‘qigan ayolning namozi, uyiga borib g‘usul qilmagunicha qabul bo‘lmaydi” deyiladi. Al Hindi taʼrif qilgan hadisda esa ”Ayol masjidga bormoqchi bo‘lsa, junublikdan poklangani kabi yuvinsin” deb qayd etilgan.

Bu hadislarni har turli talqin qilganlar bor. Kimlardir bu bilan ayolning umuman atir-upa qilishini taʼqiqlagan bo‘lsalar, yana kimlardir machitga borishdan tashqarida joiz degan fikrni ilgari surganlar. Asosiy gap ayolning atir hidini boshqalarga hidlatib, fitnaga sabab bo‘lmasligi ekanligini ham aytganlar bor.

Shunday ekan, yaratgan insofni ayolning o‘ziga bersin. Agar u aytilganlarga rioya etmasa, hech kim majburlay olmaydi. Uning iymoni butun bo‘lsa, o‘zi haq yo‘lni topib oladi. Bugungi kunda atir qo‘llanmaydigan ayolni topish mushkul bo‘lib qolgan bir payt. Buning ham sabablari bor. Avtobuslarda yuradilar, ko‘pchilik bo‘lib bir joyda ishlaydilar, har soatda yuz-qo‘llarini yuvib turadigan imkonlari yo‘q va hokazo. Agar uyda o‘tirganlarida ularga talab qatʼiyroq bo‘lardi. Bugun biz birdaniga, bas, ertadan boshlab ko‘chaga chiqqanda atir sepmaysizlar desak, bizga hayrat bilan qarab qoladilar. Shu bois ishni atir sepishga qarshi kurashdan emas, balki eʼtiqodni mustahkamlashdan boshlamoq lozim”.

Demak, Nilufarga keskin gaprab qo‘yibman, deb o‘yladi, Rustam. Nilufar ular turadigan uyning egasi Maxfirat xolaning nevarasi bo‘ladi. Tibbiyot oliygohida o‘qiydi. Odobli, hayoli va juda chiroyli qiz. Haftada bir kelib, buvisining kirlarini yuvishga, xonalarni tozalashga yordamlashadi. O‘zlarining uylari Toshkent tumanida bo‘lgani uchun baʼzan darslari kech tugagan paytlarda ham buvisinikida qoladi. Avval Shokir unga ko‘z tikib yurdi.

-Jinnimisan?-dedi Rustam unga,-bo‘ladigan ishdan gapirsang-chi. Birinchidan, u oliygohda o‘qimoqda. Ikkinchidan, biz benzinchi, qora moyga botib yurgan odamlar. Hatto uning oppoq kiyimi bilan bizning qora kiyimlarimiz bir-biriga zid. Keyin, Maxfirat xola o‘z onamizday bo‘lib qoldilar. U kishining mehrlariga xiyonat qilib, nevaralariga ko‘z olaytirmasligimiz kerak.

-Birinchidan, sening doim mana shunday “birinchidan” “ikkinchidan” deb gapiraverishing jonga tegdi. Ikkinchidan, o‘zingni buncha aqlli qilib ko‘rsatma, uchinchidan esa, bu ko‘ngil ishi, agar ko‘ngil ketsa, oq xalatmi, qora xalatmi, farqi yuq! Uyqu o‘rin tanlamas, deganlaridek sevgi ham xalat tanlamaydi.

Shundan keyin Rustam Shokirga bu mavzuda boshqa gap ochmadi. Aslida u o‘zi bilmagan holatda Nilufarni Shokirdan qizg‘anayotgan edi. Nilufar kelgan kunlari negadir u tashqariga chiqishga xijolat chekar va doim derazadan qarab qo‘yish bilan cheklanardi. Shokir esa uyga kirmasdi. Tashqarida o‘rmalashgan, Nilufarga yordam berishga uringan va hatto hovlini supurish, suv sepishlarga qadar indamay “bajarib” qo‘yaverardi. Ishi toza bo‘lmagani uchun Maxfirat xolaga yoqmasdi.

Maxfirat xola yoshi bir joyga borib qolgan bo‘lsa ham juda harakatchan ayol edi. Saharlab Eski Juva bozoriga chiqib ketardi. Shahar tashqarisidan meva-cheva olib kelganlardan ko‘tara xarid qilib, doimiy bozorda o‘tirib sotadiganlarga berardi. Shu yo‘l bilan o‘ziga kerakli pulni ishlab olardi.

-Kun bo‘yi bozorda o‘tirish oson emas, buning uchun yaxshilab uxlab olish kerak. Ular menga ana shu uyqu pulini beradilar. Men meva-chevalarni sotib olib ularning joylariga qo‘yib qo‘yaman. Aslida men emas, egalari qo‘yishadi. Men joyini ko‘rsatib, pullarini beraman, xolos,-deya u qilgan ishidan doim g‘ururlanar edi.

U ertalab isiq non bilan birga albatta yonida biror narsa olib kelardi. Rustamning yaxshi ko‘rishini bilgani uchun unga bir kosada qovurma lag‘mon keltirardi.

Maxfirat xola Rustamning boshiga kelganlarni eshitgandan beri unga xuddi o‘z o‘glidek muomala qiladigan bo‘lgandi. Hatto ovqatni keltirib qo‘yganda Rustam uxlab yotgan bo‘lsa, sekin uning boshini silab, keyin chiqib ketardi. Bu esa, Rustamning xo‘rligini keltirar va boshini yostiqqa bosib yig‘lardi. Chunki hech narsa qila olmayotgan, na otasidan, na ukasidan xabar topmayotgan edi.

Maxfirat xola bu gaplarni Nilufarga ham aytgan shekilli u ham Rustamga mehr ko‘rsatishga intilar edi. Bu esa unga yoqmadi. Hatto Nilufar Shokir bilan qahqaha otib kulib turgan bo‘lsa, Rustamni ko‘rishi bilan birdan tinchib qolar va boshini egib turardi. Bir zumdan keyin esa boshqa mavzudan gap ochardi. Balki shu boismi Rustamning unga ko‘ringisi kelmasdi. Lekin Maxfirat xola bilan gaplashgisi kelardi. Xola uzoq yillar adabiyot muallimi bo‘lgan va bilmagan narsasi yo‘q edi. Rustam ham adabiyotni yaxshi ko‘rgani uchun gaplari qovushar edi.

-Yigirma to‘qqiz yil dars berdim. Toshkandagi yozuvchi va shoirlarning yarmi mening o‘quvchilarim. Qo‘ydek yumshoq bolalar edilar. Mana endi bittasi qahramon shoir, ikkinchisi partiyaga rais. Seni ular bilan uchrashtirib qo‘ysam, adang va ukangni topib beradilar. Nima bo‘lganda ham ular tillarini sayratgan muallimlarining gapini qaytarishmasa kerak. Lekin.. pensiyaga chiqayotganimda maktabdan gazetaga eʼlon berishdi. Ammo bittasi ham kelmadi. Avval xafa bo‘ldim. Burinlari osmonga yetgan-da, muallimlarini yo‘qlashmadi, deb. Keyin o‘ylab qarasam, men o‘z ishimni bajargan, ular ham o‘z ishlarini bajarayotgan ekanlar. Balki o‘sha gazetani ko‘rmagan ham bo‘lishlari mumkin-da? Men xuddi ularga yaxshilik qilib qo‘yib, endi javobini kutayotgan ekandekman. Yaxshilikka javob kutilmaydi, bolam. Ammo ko‘ngil ko‘ngilda, balki avval birgalashib ularga xat yozarmiz, darrov chaqirib qolishar, keyin birgalashib boramiz, mushkilimiz kushod bo‘ladi, Xudoyim sani mushkulingni kushod qilish uchun ham mening huzurimga jo‘natgan-da,- deb uning yelkasiga qoqib qo‘ygandi bir kuni Maxfirat xola.

Rustam ana shularni o‘ylab yotar ekan. Sobitxon qorining suhbatini ham unutgan edi. Shu payt xonaning eshigi taqilladi.

-Kim?-dedi Rustam.

-Kechirasiz, bezovta qivomman, oyim chaqirvottila!

Bu Nilufarning ovozi edi. Rustamning yuragi dukkillab ketdi. Uning ovozini eshitishi bilan sarosimaga tushardi. Nega bugun ertalabdan kelibdi? Darvoqe, bugun dam olish kuni va uning keladigan kuni. U o‘zining onasini “opa”, Maxfirat xolani esa “oyi” der edi.

Nilufarning bo‘yi unchalik baland emas, ammo sochlari uzun edi. U sochlarini boshiga chambar qilib bog‘lab olar va o‘g‘il bolalarning shimiga o‘xshagan lozimni kiyib, pochasini shimarib, ko‘ylagining bir qismini lozimiga qistirib, ishga kirishib ketar edi. Ko‘zlarining umumiy ko‘rinishi qoramtir, ammo tagi ko‘kimtir edi. Bu esa uning qarashlarini o‘tkir qilardi. Yuzida kulgichlari bo‘lib, jiddiy gapirayotganda ham kulib turgandek tuyulardi. Burnining ustida bitta katta xol bor edi. Bu ham o‘ziga yarashardi. U tibbiyot institutida o‘qigani uchun ko‘p narsani ochiq gapirar, ochiq tortishar edi. Uyalib o‘tirmas edi. Shokir ham shunday bo‘lgani bois ularning suhbati qovushardi. Ammo Shokir uni chin dildan yaxshi ko‘rmasdi. Chunki Nilufar haqda gapirib:

-Qiz bola ham shunaqa bo‘ladimi? Odamlarni yalang‘och holda amaliyot qilganlarini uyalmay aytib beradiyu qo‘lini ushlayman desang jahli chiqadi,-degandi Shokir.

-Sen uning jahlini chiqarma, nega qo‘lini ushlaysan?-deb javob qilgandi Rustam.

-Nega ushlamayin. U ilgari bu yerga haftada bir kelar edi. Hozir esa ora bir kun shu yerda. Bu bekorga deb o‘ylaysanmi?

-Ko‘ngling buzuqda. Balki hozir darslari kech tugaydigan davrdir?!

-E, buncha ham anqov bo‘lmang, do‘stim, har kun tushdan keyin shu yerda, kelishimizni poylab o‘tiradi-ku?! Anov kuni Akmalxon akadan so‘rab, pochtaxonaga emas, uyga kelgandim. Ammo kampir ovqatga tushgan pashshadek xalaqit qildi. Tashqariga olib ketay desam, ko‘nmadi. Kino-pinoga olib borayin desam, ham rozi bo‘lmadi. Nozi osmonda.

-Ovqatini yegan uyga yomon qaramaydilar…,-dedi Rustam ovozi ichiga yutilib.

-E, aslida bu ham savob ish. Bechoraning ko‘nglini topolmay o‘tirganimiz esa gunoh!

O‘sha kun oz qolsin, ikkalasi urishib ketardi.

Rustam shularni o‘ylab hovliga chiqqanda Maxfirat xola so‘rida o‘tirgan ekan, salomiga ham alik olmasdan unga dakki bera boshladi:

-O‘zing saharga yaqin ishdan kelgan bo‘lsang, naga uxlamaysan? Yana o‘sha savil qogur magnatafonni qo‘yib yehitganing eshitgan-mi?!. Nima u sanga non-tuz beradimi? Odam degan bir narsaga mukkasidan ketmaydi. Hamma narsaning tosh-tarozisi bor. Ollohim, aqlni senga ham bergan. O‘zing ham o‘ylashing kerak. Faqat birovlarning o‘ylaganiga quloq tutish kerak emas. Eshitma demayman, eshit. Bilaman o‘sha Sobitxon ko‘p aqlli odam. Lokin dinni ipidan ignasiga qadar bilish unga kerak. Bilish uning vazifasi. Chunki ishi, hayoti shu. Sanga esa namozingni o‘qish bilan ikki uchta narsani bilsang, ko‘ngling to‘g‘ri bo‘lsa yetadi.

-Lekin…,-Rustam nevarangizni oldida meni izza qilmoqchimiz degandek Maxfirat xolaga zimdan ko‘z qirini tashlab qo‘ydi. U esa parvo ham qilmadi.

-Lekin-mekiningni manga aytma. Man bilaman, bu yog‘im ketib, naryog‘im yaqinlashib qogan. Ko‘nglim esa to‘g‘ri, odamlarga xiyonat qimayman, qo‘limdan kelsa, yaxshilik qilaman, kelmasa, uni ham aytaman. Ollohimning biz bandalaridan istagani ham shu! Sani esa butun hayoting oldingda, nima, ikkinchi Sobitxon bo‘moqchimisan? Yuq bo‘lomiysan. Unaqasi bitta bo‘ladi. Uni uchun tug‘ilgan kuningdan boshlab tayyorlanishing kerak edi. Vaqtni o‘tkazib yubording. To‘g‘risini aytaymi, ular ham baʼzan oshirib yuboradilar, tog‘dek talab qilsang, tepadek olasan, degan o‘ylari bo‘ladi-da. Hamma narsaning meʼyori bo‘lishi kerak. Shirin deb faqat qand yesang ham bo‘miydi, yoki quruq non bilan bir umr yashash mumkin-mi? Sariq yog‘ni bir o‘zini yeb ko‘r-chi? Ko‘ngling aynaydi. Nonga surib yesang esa mazzaa qilasan. Baʼzan nonni suvga botirib yeysan, baʼzan qaymoqqa. Xullas, bolam, nari-beringga qarab ish qigin!

Nilufar juda cho‘zib yubordingiz-ku degandek Maxfirat xolaning yengidan tortib qo‘ydi.

-San qiz tushmagur ham shuning tomonini olasan, nima yurak-puragingni oldirib qo‘yganmisan!

Kutilmagan bu gapdan Nilufar qancha qizarib ketgan bo‘lsa, Rustam undan ham battar ahvolga tushdi. Ammo bu gap har ikkalasiga yoqqanini Maxfirat xola sezdi. Unga shu kerak edi. Bularni kutilmaganda sinab ko‘rmoqchi edi. Qachondan beri Nilufarning ota-onasiga uning “boshini ikkita qilib qo‘yish” haqida gapirardi. Ammo Nilufar o‘jarlik qilardi. Hali u yoqmaydi, hali bu. Kelgan sovchilarning asta-sekin keti uzilgandi. Maxfirat xola shundan tashvishda edi. Nevarasining qari qiz bo‘lib qolishini istamas,  tezroq  to‘yini ko‘rishni ozru qilardi.

-Rustamjon, man bozordan u-bu narsa olgan edim, mana bu qiz tushmagur og‘ir deyapti, shuni birgalashib ularning uyiga tashab kellaring. Istasalaring qaytishda “Panarama”ga borib, bitta kino ko‘rlaring, bozordagilar “Yangi indiyskiy kino kelibdi” deb aytayotgandilar. Raj Kapurning ko‘rinmay ketgan o‘g‘li o‘ynaganmish. Nulufarga o‘xshagan qiz boru, u ham chiqqanmish. Rustamjon, san ham uni bir kinoda ko‘rgandek bo‘lasan, borlaring, qoqindiqlar.

Rustam nima qilishini bilmay qoldi va Shokir qaytib kelganda unga aytib qo‘yarsiz, deya og‘iz juftladi:

-Shokir…

Maxfirat xola gapni boshqa tomonga burib, darrov uning og‘ziga urdi.

-Shokir ham odam bo‘ptimi? U valdar-vuldur, bir qop yong‘oq. Unga beradigan qizim u yoqda tursin, bir kosa sho‘rvam ham yo‘q, bildingmi?!

Endi Rustamning oyoq uchlariga qadar muzlab ketdi. Tizzalari qaltiray boshladi. Bir narsa “gup” etib bo‘g‘ziga tiqildi. Nilufar esa jahli chiqqandek:

-Nimalar deyapsiz buncha, hazil ham evi bilan-da, oyi,-dedi.

-Bilasanlar man cho‘rtkesarman. Bo‘ladigan ish bo‘lishi, pishadigan qovun pishishi kerak. Nima bittang derazadan poylashing, ikkinching boshqa bittasi bilan gaplashib turib xayoling o‘sha yoqda turishini man ko‘rmaymanmi? Qachongacha qiynalib yurasanlar. Bittang tutingan o‘g‘lim bo‘sang, ikkinching nevaram. Borlaring, gaplashlaring, uyat joyi yo‘q. Ikkalang ham bo‘y yetib qolgan odamlar. Gaplaring bir-biringa mos tushmasa kellaring o‘zim moslashtirib qo‘yaman. Ha, Rustam san bu hovlida qiz borligini bilasan, yigit degan bunday o‘ziga qarab yuradi. Ana Nilufarga qaragin, oyday ochilib yuribdi. San bo‘lsang bozor supuruvchiga o‘xshab sudralib yurasan, bor oq ko‘ylagingni kiyib, u yoq bu yog‘inga qarab chiq. Bo‘lmasa yoningdagi qushni oldirib qo‘yasan,-dedi.

Bu paytda Nilufar asta chekinib uyga kirib ketgan edi. Rustam yugurib borib Maxfirat xolani o‘pib olgisi keldi. Ammo o‘zini bosdi. U xuddi tush ko‘rayotgandek edi. Keyingi paytda boshiga kelgan dahshatlardan keyin shodlik degan narsani unutgan ekanmi, yuragidagi muzlik erib ketdi va ko‘zlari namlandi. Buni sezgan Maxfirat xola uni bag‘riga bosdi.

-Aylanib ketay, qoqindiq, o‘g‘ilginam, o‘zimning aqlli o‘g‘ilginam, ota-onang ko‘rmagan yaxshi kunlarni ham Ollohim senga bersin,-dedi.

Shu payt Shokir kirib keldi.

-Ha, yana ona-yu o‘g‘il bo‘lib, dardlashib o‘tiribsizlarmi?-dedi qo‘lidagi narsalarni bir chetga qo‘yar ekan.

-Bu safar rostdan ham ona-yu o‘g‘il bo‘lmoqchimiz,-dedi Maxfirat xola.-Hozir bular ketishsin, keyin san binan gaplashamiz. Planlarim sanga ham yoqib tushadi!

Rustam indamay ichkariga kirib kiyina boshladi. Shokir shuncha “Nima gap?” deb so‘rasa ham bir narsa deya olmadi.

Faqat:

-Yuklari bor ekan, shuni Nilufarlarning uyiga tashlab kelishimni so‘rayaptilar,-dedi, xolos.

Rustam bilan Nilufar bekatga qadar gaplashmay borishdi. Keyin Rustam:

-Kecha men sizga oshirib yuborgan ekanman,-dedi.

-Nimani?-dedi Nilufar xuddi tovushining yarmini yutib yuborgan kabi.

-Atir masalasida, bugun Sobitxon domlani eshitsam, uncha ham bosim qilmaslik kerak, deganday bo‘ldilar,-dedi Rustam.

-Men bo‘lsam, sizga ishonib bugun atr ham sepmabman,-deya hazil qildi Nilufar.

-O‘zingiz atrdan ham yaxshisiz,-deb yubordi Rustam.

Bu uning hayotida ilk bor qiz bolaga aytgan  jiddiy gapi edi. Shu bois o‘z gapidan o‘zi qo‘rqqandek asta qizga qaradi.

-Gapingizga ko‘ra juda ko‘p atir hidlagan ko‘rinasiz-ki yaxshi yomonini darrov aytib berayapsiz…

Bu gapdan Rustam qiyin vaziyatga tushdi. Avvaliga Nilufarning nima deganini tushunmadi. Keyin tushundiyu, balki noto‘g‘ri tushundimi, deb o‘ylanib qoldi. Uning tili aylanmaganini sezdi shekilli, Nilufar:

-Oyimning gaplaridan ja, taʼsirlangan ko‘rinasiz. Yoki ish bitib ketdi deb o‘yalayapsizmi,-dedi yarim hazil va yarmi chin qilib.-Menimcha, o‘sha domlangizni yana bir eshitib ko‘ring qani, nima deydilar, bizning ham haqqimiz bormi yoki oyim bilan siz kelishib olsanglar, ish bitib ketaveradimi?

-Biz kelishganimiz yo‘q. Men hatto taxmin ham qilganim yo‘q!

-Tembole,-dedi Nilufar ruschalab,- agar kelishmagan bo‘lsangiz, taxmin qilmagan bo‘lsangiz, ja, qiziq-ku? Ha-ya, to‘g‘ri, siz taxmin qilmagan bo‘lishingiz kerak. Oz qolsin Shokirga elchi bo‘lmoqchi edingiz, shekilli?

-Yo‘g‘ye, meni noto‘g‘ri tushunmang…

Xayriyatki avtobus keldi va Rustam qiynoqdan qutuldi. U to qishloqqa yetib borguncha gap qo‘shmadi. Favqulodda gapdon va shaddod bo‘lgan Nilufar ham quyilib qolgandek, jim edi. Faqat qishloqda bekatda bir yigit ularga peshvoz chiqib qoldi:

-Ha, Nilu, qattan kevos-san?-dedi u Rustamga parvo ham qilmagandek ko‘rsatib o‘zini.

-Har kuni qattan kesam, o‘shattdan kevomman, lekin hozir yana qaytib ketaman. Ana buni so‘rasang sanga qiziq bo‘ladi,-dedi Nilufar eski shaddodligiga qaytib.

-Xo‘p, qatga borasan?

-“Panorama”ga Raj Kapurning o‘g‘li Shishining yangi filmi kepti. Ana shuni ko‘rishga boroviz-a,-dedi u “a” harfiga urg‘u berib.

Qiziq, Nilufar Rustam bilan gaplashganda adabiy tilda gapirar, ammo boshqalar bilan esa Toshkent shevasida so‘zlashardi. Har, holda bu institutda orttirgan “tajriba”si edi.

-Kim binan borivossan?

-Rustam akam minan-de,-deb Rustamga ishora qildi Nilufar.

Haligi yigit Rustamga boshdan oyoq qaradi-da:

-Mana gap qayerda ekan,-dedi,- Sovchilar ostonasini yalab yuborishdi, ammo birortasiga ham rozi bo‘madi. O‘zim ham bir gapi bor deb o‘ylagan edim.

Rustam hayron bo‘lib qoldi. Kim ekan bu yigit? Har holda sovchi bo‘lganlardan biri bo‘lsa kerak? Ular qo‘l berib salomlashdilar va darhol xayrlashdilar ham.

-U yuridicheskida o‘qiydi. O‘zini prokuror deb biladi. Maktabda birga o‘qiganmiz. Otasining puliga o‘qishga kirgan…

Shunday dediyu Nilufar birdan jim bo‘lib qoldi. Balki oyim Rustamga aytgan bo‘lsalar-chi deb o‘yladi. U maktabni aʼlo bahoga bitirdi. Tibbiyot institutiga hujjatlarini topshirib, yaxshi baho olib o‘tdi. Ammo ikki yildan keyin bildiki, ota-onasi kimgadir pul olib borib berishgan ekan. Buni ham Maxfirat xola og‘zidan qochirmaganda bilmasdi. Shu bois o‘z gunohidan o‘zi uyalgan boladek indamay qoldi.

Ular Nilufarlarning uyiga kirib borsalar hammayoq supirilgan, suvlangan edi. Onasi Rustamning yelkasiga qoqar ekan:

-Bir chimdim osh damladim, hozir amakingiz ham keb qoladilar. Osh yeb, keyin ketasizlar, o‘sha kino qochib ketmas,-dedi.

Tavba, kino haqda qayoqdan bildilar ekan, deb o‘yladi Rustam. Keyin, balki Maxfirat xola sim qoqqan bo‘lsa kerak deb o‘yladi. U Nilufarning onasi va otasini Maxfirat xolaning uyida bir necha marta ko‘rgan. Ammo ularning uyiga birinchi bor kelishi edi. Shu bois biroz tortinib o‘tirdi. Nilufar esa oshxonada onasi bilan pisir-xisir qilib nimalarnidir gaplashar edi. Rustam ham xursand edi, ham xafa. Bir tomondan xayol qilishga ham qo‘rqqan narsasi bir zumda amalga oshay deb qoldi. Ikkinchi tomondan onasi shunday kunlarini ko‘rmadi. Otasi va ukasi qayerda? Nahotki bir shodlik ularni esdan quvib chiqarsa? Ularni topmasdan qanday qilib to‘y o‘tqazadi. E, qanaqa to‘y, dedi u o‘ziga. Na joying, na moling, na mulking bor-u, qanday qilib uylanasan? Yoki Maxfirat xolaning zax bosgan kulbasida yashaysizlarmi? Balki bu hovliga ichkuyov bo‘lib kelish niyating bordur?! E, yo‘q, oldin oyoqda turib olishing, dadang va ukangni topishing, ana undan keyin uylanishing kerak. Hozir esa onang, balki dadangning ham ruhini chinqiratayapsan?! To‘xta, hali kim senga to‘ydan gap ochdi? Balki shunchaki unab qo‘yishmoqchidir? Balki Nilufarning o‘qishi bitishini kutishar? Balki men ham o‘qishga kirarman?

Ana shunday keti uzilmas savollar girdobida qolgan Rustam qanday osh yeganiyu, qanday filmni tomosha qilganini ham bilmadi. Ora-sira Nilufarning savollariga javob bergan bo‘lmasa, deyarli gaplashmasdan borib keldilar.

Maxfirat xola eshik yonida kutib o‘tirgan ekan.

-Uff,-dedi Nulufar,- oyi, yorilib ketay dedim, bu kishiga gapirib ham bo‘lmaydi. Atir haqida bir hazil qiluvdim, shu bilan ishlari bitdi, qanday borib, qanday kelganlarini ham bilmaydilar.

-Hammani o‘zingga o‘xshagan shaqildoq deb o‘ylama, yigit bolaning og‘ir bo‘lgani yaxshi, u ham senga o‘xshagan og‘zingdagini olib, yoqangga chaplaydigan bo‘lsa, oila yurmaydi. Bittasi plus bo‘lsa, bittasi minus, Ollohim o‘zi shunday qilib tuzib qo‘ygan,-dedi Maxfirat xola.

-Qanaqa oila. Ja, oshirib yuborasiz-a, oyi,-deya Nilufar ichkariga kirib ketdi.

-A, xo‘p, istamasang, bor uyinga ketaver, men birovni majbur qilmayman,-dedi Maxfirat xola Rustamga ko‘zini qisib.

-Yarim tunda qayoqqa ketaman!,-degan ovoz keldi ichkaridan.

-Bo‘pti ertalab ketasan,-dedi Maxfirat xola.

Nilufar ertalab ketgani bo‘yicha, bir necha kun kelmadi. Rustam uchun dunyoning qolgan qismi ham qorong‘u bo‘ldi.

Maxfirat xola faqat “O‘sha kun nima gap bo‘ldi?” deyishdan nariga o‘tmasdi. Rustam esa “Hech narsa” deyishdan.

Shokir bo‘lsa:

-Ichingdan pishib ketgan ekansan, tuz yegan hovliga ko‘z tikma, deb aql o‘rgatguncha, men uning qo‘lini ushlab qo‘yganman, desang ham tushunib olardim,-deya undan o‘pkalar edi.

Rustam tezroq otasi va ukasidan darak topish orqaligina bu masalaga ham qaytishni o‘ylasa-da yuragining yarmi har kuni “Nilufar! Nilufar!” deb dukillayotgandek uni bir lahza ham yoddan chiqara olmas edi. Lekin ayni paytda Nilufar o‘z qarorini berdi, shekilli, meni istamadi, deb ham o‘ylay boshladi. U yana bir hafta kelmasa Maxfirat xolanikidan ko‘chib ketaman, deb joy ham qidirishga tushdi.

Otasi va ukasi haqida Sobitxon domlaga aytgandi u:

-Uka, bu endi bizning vakolatimizga kirmaydi, hukumatning ishlariga aralasha olmaymiz, lekin Muftimiz – deputat, unga bir aytib ko‘raman,-dedi.

U Sobitxon qorining huzuridan chiqar ekan, uni kuzatgan yigit:

-Bilasizmi, muftimiz bilan bir necha oydan beri gaplashmaydilar. Mufti bu kishini uzoqdan turib yomonlab yurganini, bu yerdan ketkazmoqchi bo‘lganini eshitib qolib, juda xafa bo‘lgandilar. Mana endi, shunga qaramay siz uchun borib gaplashmoqchilar. Balki, Mufti sulh istasa, sizning ishingizni hal qilish bilan qori akamizning ham ko‘ngillarini topar,-dedi.

Rustam mufti haqida ko‘p eshitgan. Avval u unib-o‘sgan mahallada ijarada turgandi. U yerda muftining otasini juda hurmat qilishar ekan. Sovet davrida ham hech kimdan qo‘rqmagan edi, deyishardi.

Ammo Abdusoli qori muftini yoqtirmas ekan. Saboq olishga kelganlar orasida bu borada o‘zaro bahslar bo‘lib turardi. Kimdir muftini rahbarlar bilan kelishib ish bitiradigan odam desa, boshqasi sessiyalarda indamay o‘tiradi, chunki kommunistik partiyaning ro‘yxatidan deputat bo‘lgan derdi. Boshqa birov esa uni bilimdon deb maqtasa, yana kimdir yurtboshini saylatgan shu odam derdi.

Rustam ular haqlaridagi bahslarga hatto qo‘shilishga cho‘chib,  haqlarida gap aytishga istihola qilib yurgan odamlariga mana endi taqdir ipi bilan bog‘lanib borayotgan edi. Sobitxon qori bilan bir necha marta yuzma-yuz gaplashdi. Shu ketishda mufti bilan ham uchrashib qolsam kerak deb o‘yladi.

Rustam o‘zida yengillik his etgandek, kechga tomon uyga kirib kelganda yana boshidan tegirmon toshi bosildi. Maxfirat xolaning faryodidan esankirab qoldi. Xola qo‘llari bilan tizzasiga urar, sochlarini yulib, yuzlarini timdalar va:

-Nilufarim! Nilufarim!,-derdi bo‘g‘iq ovozda.

Rustamning tizzasi bukilib ketdi. Nima bo‘ldi?

“Nilufar?!” …

Uning quloq pardalariga Maxfirat xolaning qichqirig‘i o‘q ovozidek uzluksiz urilayotgan edimi, yoki yuragidagi hayqiriq quloqlariga ko‘chmidi, o‘zi ham bilmadi.

TO‘RTINCHI BOB

Hamidxon Qoraboy akani ko‘ndirganidan mamnun edi. Endi Otabekni ham sindirsam “ish bitdi” deb o‘ylayotgan edi. Zotan ertaga ertalabki reysda Toshkentga uchishi kerak, uni Bosh prokuror Mustafoyevning o‘zi chaqirgan. Qaynotasining aytishi bo‘yicha Prezident bilan ham uchrashib qolishi mumkin. Shu bois ko‘nglida qilayotgan ishidan iftixor tuyayotgan edi.

Hamidxon juda kambag‘al oilada tug‘ildi. Uch aka-uka edilar. U o‘rtancha o‘g‘il. Akasi va ukasi novcha, kuchli, ammo u semiz va zaif. Otasi xuddi xo‘roz urishtirgan kabi ularni doim kurashga tushirardi. U akasidan ham, ukasidan juda oson yengilar edi. Uni gursillatib yiqitib, ustiga minib olishar va “bir qop qum, gum-gum-gum!” deb mazax qilishardi. U har qancha kurash tushishdan qochsa ham, otasi baribir uni chaqirar va yiqilganda  ustidan kulardi. Keyin;

-San hech odam bo‘lmaysan, akangga qara yoki ukangdan o‘rgansang o‘lasanmi?-derdi.

U otasini yomon ko‘rardi. Shuning uchun onasining pinjiga tiqilardi. Maktabda ham darslari yaxshi emas edi. Semiz va lo‘ppi, yuzlari xuddi qizlarnikidek tiniq va silliq bo‘lgani uchun bolalar uni burchakka tortib o‘pishar, “Hamida, Hamida…” deb mazax qilishar edi. Buning ustiga ismiga qo‘shilgan “xon” qo‘shimchasi ham bolalarga qo‘l kelar va ular “Xon, bitta o‘pich bermaysanmi?” deb uning ustidan kulishar edi. Maktabda u o‘zi bilmagan holda qizlarga yaqin yuradigan bo‘lib qoldi. Uyda esa onasining yonidan siljimasdi. Bir kuni otasi va onasining janjalini eshitib qoldi:

-San bu xunasani buncha o‘zingga yaqinlashtirma! Borgan sari qiz bola bo‘lib ketmoqda,-dedi otasi.

-Unaqa demang, nima, bolamni ko‘kragidan itaramanmi?-eʼtiroz bildirdi onasi.

-San kallasini yegan ayolga nima deyapman? Bu bolaning kelajagini o‘ylaysanmi, yo‘qmi? Men uni kurashga o‘rgatib odam qilmoqchiman. Ana maktabda ham o‘qishlari rasvo emish. Hamma uni “xunasa” deb chaqiradigan bo‘pti…

-Siz shunday degandan keyin, ular nima qilishsin?

-Chanangni yopasanmi yo‘qmi? Hozir bir tepaman, ham mandan yeysan, ham devordan… Agar bundan keyin uning yoningga tiqilganini ko‘rsam, o‘pkangni uzib olaman!

-Nima, meni bolamdan ayirmoqchimisiz?-onasi garchi otasining avzoyini bilib turgan bo‘lsa ham tilini tiyolmadi.

Otasi onasini do‘pposlay ketdi. Hamidxon chinqirgancha kelib, onasiga yopishgan edi, otasi unga mushtini o‘xtadi. Otasining mushtidan saqlash uchun onasi uni zarb bilan bir tomonga itarib yubordi.

Hamidxonning onasidan ham ko‘ngli qoldi. Shundan keyin maktabdan kelishi bilan hovlining to‘ridagi daraxtlar tagiga borib o‘tiradigan bo‘ldi. Tashqariga chiqsa bolalar, uyga kirsa otasi, aka-ukasi, onasi… Xullas, u ichidan gurillab chiqayotgan nafrat girdobida qoldi. Kundan kunga ana shu nafrat girdobi uni yutib ketaverdi.

Maktabni bir amallab bitirdi, hech qayerga o‘qishga kira olmadi. Bir kuni otasi uni yoniga chaqirdi:

-Sani uylantirib qo‘ymoqchimiz, yaxshi joydan qiz topdik, otasi ijroqo‘mning raisi, baxting bor ekan, o‘zlari sani o‘qitib, o‘zlari ishga joylab qo‘ymoqchi. Rasulbek akaning qizi, tanisang kerak, sendan bir yil oldin maktabni bitirgan…

Hamidxon hech narsa deya olmadi. Ammo Nozimani biladi. Maktabda ovozasi chiqqan qiz. O‘g‘il bolalar uni doim o‘rtaga olib, ezishgani ezishgan edi. Bir marta uni maktabning omborxonasida bir bola bilan ushlab ham olishgandi…

Hamidxon otasidan juda qo‘rqardi, qarshilik qila olmadi. Onasining yoniga borgandi u ham “Shu qizga uylanasan, bunaqa oiladan qiz olish har kimga nasib bo‘lmaydi” dedi.

To‘ydan keyin u uyiga qaytmadi. Chunki ichkuyov bo‘ldi. Bir tomondan oilasidan qutulganiga xursand edi. Ikkinchi tomondan qaynotasi uni darhol Toshkentga, Yuridik fakultetga sirtdan o‘qishga joylab qo‘ydi va shahar prokuraturasida tergovchiga yordamchi qilib ishga joyladi. Uning vujudi nafratga to‘lgani, ko‘ngli qora bulutlar bilan qoplangani ish berdi.

Buning ustiga qo‘liga tushgan odamlar akasi yoki ukasi, sinfdoshlari kabi qarshilik qilmasdi. Istasa so‘kadi, istasa uradi, istasa tahqirlaydi. Bu ishidan huzur qilardi. Tag‘in tergovchi ham, prokuror ham uning aytganini bajarishardi. U biror narsani qanday yozish kerak, deb so‘rasa bas, ularning o‘zlari darhol yozib berishardi. Uni har kuni birgalikda restoranlarga, ziyofatlarga olib borishardi. Universitetga kerakli yozuv-chizuvlarni ham ular bajarib, hatto birgasiga Toshkentga borib kelishardi.

Shu bahonada prokuror uning qaynotasi bilan aka-ukadek bo‘lib qolgandi. Tuman prokurori uchun viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari bilan yaqin bo‘lish katta gap edida. Qolaversa, huquq tartibot sohasini u nazorat qilardi. Bu ishga o‘tgandan beri ham baribir odamlar uni oldingi vazifasi bilan atab “ijroqo‘m raisi” deyishardi. Uning bor-yo‘g‘i bitta farzandi bo‘lgani uchun ham Hamidxonni ichkuyov qilib olgandi. Har turli gap chiqmasin, deb qizini nazoratda saqlab turish ham ko‘nglida bor edi. Chunki qizining oyoq olishi yaxshi emasligi quloqdan quloqqa o‘tib, unga qadar yetib kelgandi.

Nima bo‘lganda ham bu xonadon Hamidxonga begonalik qilmadi.

Hamidxon diplomini olishi bilan qaynotasi uni MXXga ishga o‘tqazdi. Bir kuni qaynotasi:

-Kecha Islom akam bilan gaplashdim, menga viloyat hokimligini taklif qildilar, ammo men u kishiga sizni tavsiya qildim, sodiq o‘g‘lingiz kabi xizmat qiladi,-deb aytdim. ”Mard odam ekansiz, hamma ham kuyovini o‘ylayvermaydi. Bir kun yuborsangiz gaplashib ko‘raman. Ammo oldin biroz o‘zini ko‘rsatsin” dedilar. Men rahbaringizga ham aytdim. U yordam beradi,-dedi.

Rasulbek Islom Karimovning qaynotasi bilan yaqin edi. Birga choy ichib, birga dam olishga bormasalar bo‘lmaydigan darajada do‘st edilar. U Tatyanani ham bolaligidan beri biladi. Tatyana Rasulbekni “Dyadya” deganda uning qulog‘iga “Dada” deb eshitilgandek bo‘lardi.

Karimov bilan ham uzoq yillardan beri tanishligi bor. Karimov Davlat planlashtirish idorasida ishlaganida uning Toshkentning “Svetlana” degan joyida, partiya maktabining shunday qarshisidagi uyiga tez-tez borib turardi. Viloyatga nima kerak bo‘lsa, hamma ishini u orqali bitirardi, baʼzan Moskvadan o‘ndiriladigan narsalar uchun ham Karimovni oraga qo‘yishardi.

O‘zbekistonni Gdlyanchilar bosganda ular Rasulbekni tergovga chaqirishdi. Shunda Karimov oraga tushib, Rasulbekni Markazqo‘mga yangi ishga kelgan ikkinchi kotib Anishchev bilan tanishtirdi. Rasulbek Anishchevga ham yoqib qoldi. Yumshoq, doim tabassum qilib turadigan, juda kam gap, hamma ishni imi-jimida bitiradigan bu odam Gdlyanning ham ishonchli vakili bo‘ldi. O‘shanda Hamidxonni ularga yordamchi qilib berdi. Garchi Hamidxon Gdlyanning sumkasini tashib yurgan bo‘lsada, Rasulbekning ko‘rsatmasi bilan juda ko‘p odamni qamoqqa tiqishda, qilmagan ishlarini ham bo‘yniga qo‘yishda “jonboz”lik ko‘rsatdi. Ko‘pincha u Gdlyan yoki Ivanovga o‘zbek mahbusga qanday muomala qilish va tergov qilinayotgan odamni qanday tuzoqqa tushirish, uning nozik nuqtalari haqida maslahat ham berardi. Tergovga tortilganlarning onalari, xotinlari, bolalarini qiynoqqa solish, ularga maʼnaviy taʼsir qilishda Hamidxon Gdlyanni hayratda qoldirgandi. Albatta har bir harakatini qaynotasi bilan bamaslahat qilardi.

Karimov Rasulbekka ishonar va u olib kelgan narsalardan shubha qilmas edi. U Markazqo‘mga birinchi kotib bo‘lgan kezlarda Moskvaga to‘la-to‘la “diplomat”larni tashish ham Rasulbekka yuklatilgandi.

Mana endi Rasulbekning omadi chopgan, hatto mushuk ham uning oldini kesib o‘ta olmaydi. Uning bir ishorasi bilan Hamidxonning akasi savdo idorasiga boshliq bo‘ldi. Ukasi esa Davlat avtoinspeksiyasi rahbarligini oldi. Hamidxon ich-ichidan bunga qarshi edi. Ammo qaynotasiga bir gap aytishga til juftlay olmasdi.

Xullas, Hamidxonni MXXning viloyat boshqarmasida aksilterror bo‘limining boshlig‘i etib, shov-shuvli ishlarga qo‘yadigan bo‘ldilar. Tezda huquq-tartibot xodimlari orasida nomi chiqib qoldi. MXX doirasida ham hamma u bilan hisob-kitob qilardi. Uning qaynotasi kim ekanligini bilmagan yo‘q edi. Ishga tayinlanadigan barcha kadrlar va ishdan olinadiganlarni ham tekshirish unga yuklatilgandi. U faqat boshqarma boshlig‘iga hurmat ko‘rsatar va qolganlarni odam ham hisoblamas edi. Ammo hamma uning oldida pildirab, qulluq qilib turardi.

Ichki ishlar boshqarmasining 7-bo‘limiga katta lavozimda ishlaydigan odamlarni kuzatishni topshirgandi. Yuzlab yosh yigitlardan tashkil topgan bu bo‘limdagilar kechayu kunduz rahbarlarning qilmishlari haqida hujjatlar to‘plashar, kim bilan, qayerda uchrashganlari to‘g‘risida fotosuratlar keltirishar va boshqarma boshlig‘i hammasini Hamidxonga topshirardi.

Bu bo‘lim rasman ichki ishlar boshqarmasiga tobe bo‘lsada, aslida MXXning “ko‘z-qulog‘i”ga aylangandi. Hamidxon bu bo‘limga hokimiyatdan qo‘shimcha mablag‘, yangi mashinalar olib berar, shtatlarini kengaytirib, muxolifatni, dindorlarni, ishbilarmonlarni ham kuzatishni yuklagandi. Rasulbekning aralashuvi bilan tez orada bu tajriba boshqa viloyatlarga ham yoyildi.

Hamidxon 7-bo‘limdan kelgan hujjat va rasmlarni qaynotasiga berar va rahbarlarning topganini shilib olishardi. Bu o‘ziga xos bir tizimga aylandi. Katta-kichik rahbarlar xalqdan yulib, o‘zlari bilmagan holatda anchaginasini Rasulbekka olib kelib topshirar edilar. Rasulbek esa o‘zi va Hamidxonning haqini saqlab, qolganini Toshkentga yuborardi.

Hamidxon akasi va ukasi haqida 7-bo‘lim to‘plagan hujjatlarni seyfga solib qo‘yar va bir kun kerak bo‘lib qoladi deb o‘ylardi.

MXXda uning bir nechta xonasi bor edi. Bittasini xuddi amirlarniki kabi o‘xshatgan va u yerda ayshu ishrat qilardi. Odamlarni so‘roq qilish va qiynoqqa solish uchun ham alohida xonalari bor. U nafaqat viloyat va balki mamlakat doirasida ham juda muhim odamga aylangandi. Mana endi bevosita prezident bilan bog‘liq ishni ham unga ishonib topshirishdi.

…Otasini ko‘ndirdim, bolasini ham ko‘ndiraman, deb o‘ylagan Hamidxon Otabekni so‘roq qilayotgan hamkasbining xonasiga kirib bordi.

-Qalay bo‘yniga oldimi?-dedi u hamkasbiga.

-O‘jarlik qilayapti,-dedi hamkasbi.

U hamkasbini jerkib berdi-da Otabekni o‘zining xonasiga olib keldi:

-Men sen bilan Otabek-Kumushbibi rolini o‘ynab o‘tirmayman. Nima desam “Xo‘p!” deysan! “Xo‘p!” demasang baribir “Xo‘p!” dediraman. Undan ko‘ra qancha tezroq ko‘nsang, ishni shuncha tez bitiramiz…

U shunday deb seyfdan qiynoqda qo‘llaniladigan “temir-tersak”larni olib, stolning ustiga qo‘ydi. MXXda qiynoqda ishlatiladigan narsalarni “metallom” yaʼni “temir-tersak” deyishardi. Ularning hammasi xuddi jarrohlar amaliyotda qo‘llanadigan asboblarni eslatardi. Qaychidan juvoldizga qadar insonning vujudiga botishi yoki biror joyini kesishi, qo‘porishi mumkin bo‘lgan narsalar… Ularni qiynoqda ishlatgandan keyin tozalashmaydimi xuddi zang bosgandek bir vaziyatda. Balki vahimali ko‘rinsin deb ataylab shunday qilib qo‘yishganmi?! Xullas, ularga qaragan odam xuddi qotib qolgan qon dog‘larini ko‘rgandek bo‘lardi.

-Bilasanmi,  karate sinfiga borganman.  Bitta urishimdan yer tishlab qolishardi. San ancha pishiq bolaga o‘xshaysan. Seni urib, qo‘limning qichig‘ini qoldiradiganga o‘xshayman. Mana bunday qilib…

U Otabekning jag‘iga shunday urdiki u o‘tirgan stoli bilan birga devorga borib urildi. Devorning gumburlab ketishidan qo‘shni xonadagilar vahimaga tushib yugurib kelishdi:

-Tinchlikmi, Hamidxon aka!

-Bu tirrancha menga qo‘l ko‘tarayapti. Meni ho‘ppa semiz, bir ursam yumalataman deb o‘ylayati shekilli?! Yoki maktabda semiz bolalarni urib yurganga o‘xshaydi. Onasini Uchqo‘rg‘ondan ko‘rsatib qo‘yaman, bu haromini!- deya odati bo‘yicha to‘qima gap qildi Hamidxon.

Otabekning esa labi yorilgan va qon oqayotgan edi.

-Hey hezalak, seni pishiq desam, xom ekansan-ku?! Ayol kishi ham qonini oqizmaslik yo‘lini qiladi, san nega qoningni tomchilatayapsan, ma, artib ol,-deya Hamidxon uning ustiga qog‘oz sochiqni otib yubordi.

-Quloq sol!-dedi keyin.-O‘sha qizni yaxshi ko‘rganing rost. Unga xat yozganing ham rost. Mana uning uyidan topilgan xat. Imzo seniki. Mana ekspertiza xulosasi. O‘ziyam ja, shoir bo‘lib ketibsan, “Kumushbibi” deb sheʼr yozganingga o‘laymi? Qizni muxolifatning idorasida zo‘rlashgani ham rost. Mana “Zo‘rladik” deb yozib berilgan tilxatlar… O‘zlari ham shu yerda. Kelib basharangga aytib berishadi, kerak bo‘lsa! Qiz o‘zini o‘ldirgani ham rost.

Demak, 81-ni qo‘yaman senga. Qasddan odam o‘ldirish. Otuvga qadar ketasan! Agar menga quloq solsang qutulib qolasan.

-Men uni ko‘rganim yo‘q, axir…-dedi Otabek arang.

-Quloq sol, itvachcha! Sen uni qidirib uyiga bording, topolmading, keyin uning akasi ishlaydigan joyga bording. Uning borib akasiga yordamlashib turishini bilarding. Borsang akasi yo‘q. Ammo besh oltita muxolifatchi ichib olib, nasha chekib, uni zo‘rlayapti. Orasida islomchilar ham bor edi. Ismlarini bilmaysan. Ammo rasmlarini biz ko‘rsatgandan keyin taniding.

-Bo‘lmagan gapku bu!

-Eshshak, quloq sol deyapman, senga, bu sening bittayu bitta yo‘ling. Boshqa yo‘ling yo‘q. Baribir shuni takrorlataman senga. Boya otang ham qarshilik qildi. Ammo ko‘zining oldida onangni zo‘rlaganimizdan keyin rozi bo‘ldi…

Otabekning ko‘zi bir hovuch cho‘g‘ga aylandi va o‘rnidan turib Hamidxon tomonga tashlandi.  Hamidxon o‘zini chetga tortib, uni turtib yuborgandi yelkasi borib seyfga urildi. Keyin orqasiga ikki musht yeb cho‘kib qoldi.

-Endi sening oldingda zo‘rlaymiz uni!

U shunday deb tashqariga chiqib, qaytib kirdi va zum o‘tmay Otabekning onasini olib kelishdi. U hali ham ichki kiyimda, hali ham dildirab turardi. Otabek yuzini yopib oldi. Hamidxon uning qo‘lini orqasiga tortib kishan urdi. Sochidan ushlab boshini tepaga ko‘tardi va׃

-Ko‘zingni och,-deya o‘shqirdi.

-Onamga javob berlaring!-dedi Otabek.

-Bo‘yningga olasanmi?

-Olaman..

Onasi chiqib ketishi bilan Otabek bir silkinib Hamidxonga kalla qo‘ydi. Hamidxonning jahli chiqdi va:

-Endi avval o‘zingni zo‘rlataman, keyin ko‘z oldingda onangni, ana undan keyin otangni,- deya Otabekning shimini yecha boshladi. U qarshilik qilgandi tizzasi bilan oyoqlarining orasiga tepgandi hiqqilab qoldi. Otabekni yuzi bilan yerga yotqizib, eshikni ikki marta urgandi tashqaridan ikki yigit kirishdi. Ular Hamidxonning imosi bilan Otabekni o‘girishdida boshi va oyog‘idan ko‘tarib yerga urishdi. U bir qop qumdek yerga gursillab urildi. Keyin yana orqasi bilan o‘girib ikki oyog‘iga ip bog‘lab iki tomonga tortishdi.

-Bu mazza qiladiganga o‘xshaydi. Bor otasi va onasini olib kel, ular buni zo‘rlaganlaringizni tomosha qilib turishsin,-dedi Hamidxon yigitlardan biriga.

Bir zumda Qoraboy akani boshlab kelishdi. U o‘g‘lining ahvolini ko‘rib qoni qorayib, yomon ahvolga tushdi:

-Hali boshlaganimiz yo‘q. Ayting rozi bo‘lsin, bo‘lmasa ko‘z oldingizda orqasini yirtamiz,-dedi Hamidxon.

Shu payt onasini ham boshlab kelishdi. Ayolning og‘ziga nimadir yopishtirib qo‘yishgan va u burnidan arang nafas olayotgan edi:

-Otabek nima desa xo‘p degin, bular baribir seni majbur qiladilar,-dedi otasi,- vaqti kelganda haqiqatni aytasan, hali!

Otabek boshini yerga ura boshladi. Hamidxon uni sochidan tortib:

-Nima qildik, boshlaylikmi?-dedi.

-Boshlasang boshla!-dedi Otabek.

Yigitlardan biri shimini yechib Otabekning ustiga tiz tushgandi Qoraboy aka munkillab qoldi.

-Mana otangni ham o‘ldirmoqchisan, endi otuvga ketishing aniq. Agar xo‘p desang uni darhol do‘xtirga olib borishadi. Bo‘lmasa mana shu yerda xor-zor bo‘lib o‘ladi va senga otasining qotili degan aybni qo‘yaman.

-Xo‘p! Xo‘p!!- dedi Otabek.

-Qoraboy akani olib borib do‘xtirga ko‘rsatlaring,!-dedi Hamidxon yigitlarga.-Xolaning esa kiyimlarini kiygizib ushlab turlaring. Agar bu yana fikridan aynab qolsa, olib kelasizlar, bo‘lmasa uyiga olib borib qo‘ylaring, do‘xtir chaqirib bir-iki dori-pori ham yozdirib berlaring!

Keyin Hamidxon Otabekning qo‘lini yechib:

-Kiyin, stulga o‘tir. Nojo‘ya harakat qilmaki, qovurg‘angdan darcha ochib qo‘yaman,-dedi.

Otabek boshini egib o‘tirar, Hamidxon esa qog‘ozga yozib qo‘yilgan gaplarni o‘qib berardi:

“Men maktabni bitirgandan keyin machitga qatnay boshladim. U yerda vahobiylar bilan tanishdim. O‘rta Osiyoda islomiy xalifat qurish haqida darslar oldim. Qurol otishni o‘rgatishdi. Doim dollar berib turishdi va men bu pulni otamga berib, savdo ishlarini rivojlantirishga sarfladik. Menga ko‘zga tashlanmaslik uchun soqol qo‘ymaslikni, machitlarga qatnab yurmaslikni, dunyoviy muxolifat bilan hamkorlik qilishni, ularning liderlarini vahobiylikka tomon burishni, ularni ham demokratik rejimni yiqitib, islomiy davlat qurishga chaqirish yuklatilgandi.

Shuningdek men tayyorlangan varaqalarni tarqatish bilan ham shug‘ullanar edim. Uyimdan topilgan varaqalarda ham xalifalik qurishga daʼvat qilingan. Men yotadigan xonadan chiqqan qora dorini esa menga Afg‘onistondan olib kelib berishgandi. Men uni O‘shga yetkazishim kerak edi. Dadam orqali Moskvada tayyorlanayotgan suiqasd haqida ishonchli odamlar bilan muzokaralar yuritar edim. Maqsad prezidentni o‘ldirish edi. Dadam bu masalada Kamolov degan odam bosh-qosh ekanligini aytgan edilar. Ana shu maqsadlarda muxolifat yig‘ilib turadigan joyga borganimda u yerdagilar mastligini va bir qizni zo‘rlashayotganini ko‘rib qoldim. Qarasam u men yaxshi ko‘rgan qiz ekan. U yerdagi bolalardan ikkitasini urib, shalpaytirib tashladim va qizni ham bir ikki tarsaki urib, orqasiga tepib, chiqarib yubordim. Shundan keyin u o‘z joniga qasd qilibdi…”

-Yo‘q,-dedi Otabek, o‘ldirsangiz ham men bu yolg‘onga qo‘l qo‘ymayman… men qora dori nimaligini hatto bilmayman.

-Demak, onang va otangni bu yerga qaytaramiz. Seni o‘ldirish niyatimiz yo‘q. Ammo ular o‘lib qolsalar bu ham senga aybnoma bo‘ladi bildingmi? Mard bo‘lsang ota-onangni qutqar! O‘limga tayyorman deb aytayapsanu mana buni eshitishga toqating yetmayapti…

Hamidxon shunday deb eshik tomonga yurgan edi, Otabek birdan unga hamla qildi. Shunday keyin Hamidxon o‘zini tuta olmadi. Otabekni yerga yiqitib tepkilay boshladi. Keyin stol ustidagi asboblardan birini olib, Otabekning o‘rta barmog‘idagi tirnog‘ini qo‘pora boshladi. Otabek qarshilik qilaman degan edi, Hamidxon uni yana tepkiladi va qo‘l oyog‘ini bog‘lab qo‘ydi.

Og‘riqqa chiday olmagan Otabek yana yozilganlarni eshitishga majbur bo‘ldi.

“Biz Saudiya Arabistoni bilan ham aloqa o‘rnatganmiz. U yerdagi O‘zbeklar jamoasi, shuningdek, Amir Olimxonning avlodlari ham bizga yordam qilib turadilar. Qancha yordamligi xonamdan topilgan daftarda batafsil yozilgan. Biz bir qancha tashkilotlar tuzganmiz, ko‘rinishidan hammasi boshqa-boshqa bo‘lsada aslida bitta. Ularni Abdusoli qori bilan Sobitxon qori boshqaradilar. Abdulla O‘tayev degan odam ham bor. U Misr bilan hamkorlik qiladi. Saylov oldidan xalqni oyoqqa ko‘tarmoqchi edik…”

-Ma, buni yana bir o‘qib imzola, keyin videoga gapirib berasan va senga javob!-Hamidxon shunday deb eshikni bir marta urgandi tashqaridan bir yigit kirib keldi:

-Ota-onasiga haligidan choyga qo‘shib ichiringlar va keyin siydiklarini analizga berlaring. Hujjatini bugunoq, kechasi bilan bo‘lsa ham tayyorlab qo‘ylaring,-dedi.-Mana bu yana xarxasha qiladigan bo‘lsa, otasining yuragi sanchib o‘lib qolsin, onasi esa o‘zini osib qo‘ysin! Ular kerak edilar, lekin bu ishni buzsa, ulardan ham voz kechamiz!…

…Hamidxon uchqichdan tushib, ikkita kasseta va qaynotasi bergan omonat “yashil” pullar bilan to‘la diplomatini ko‘targancha Bosh prokurorning xonasiga kirib kelganda:

-Islom akam masalaga juda qiziqib, bizni kutib turibdilar, hoziroq borishimiz kerak!-dedi Mustafoyev.

Ular prezident saroyiga qarab yo‘l oldilar.

BESHINCHI BOB

Nilufar o‘ziga kelganda qayerda ekanligini bilolmay qoldi. Atrof zimiston, qo‘lansa hid dimog‘iga urilmoqda. Negadir ko‘ngli aynib, ichidan bir narsa tomog‘iga tiqilib kelmoqda. Nima gap? Tush ko‘ryaptimi? U hech narsani tushuna olmadi. Butun vujudi xuddi qum solingan qoplarning ostida qolgan kabi qimirlamas holda edi. Ko‘zlari achishgani bois ishqamoqchi bo‘ldi, shundagina qo‘llari orqasiga bog‘lab qo‘yilganini his qildi. Yuragi shuvillab ketdi. Birdan chaqmoqdek yalt etgan narsa uning xayollariga Rustamning siymosini mixladi.

Nilufar keyingi kunlarda qiyin vaziyatga tushib qolgandi. Ota-onasi ham Maxfirat xolaning gapiga qo‘shilib, unga bosim o‘tkaza boshladilar.

-Qiz bola vaqti yetganda erga tegishi kerak, keyin kech bo‘ladi,-derdi onasi.

Otasi ham faqat to‘yga tayyorgarlik haqida gapira boshlagandi. U esa Rustam haqida o‘ylardi. Rustam nimasi bilandir uning yuragiga kirib borgandi. Ammo Rustamni hali to‘la bilmayotgani, uning feʼlidagi og‘irlik, kichik narsalarga ham jiddiy eʼtibor bilan qarashi, xushchaqchaq emasligi va boshqa narsalar ham unga tinchlik bermasdi. Ammo qandaydir taʼsir kuchi bor edi. Buvisining uyiga borsa, Rustamning ana shu taʼsir doirasidan chiqa olmasligini bilardi. Shu sababdan bormaslikka qaror qildi. Hech bo‘lmaganda bir hafta yoki ikki hafta uni ko‘rmayinchi nima bo‘ladi, deb o‘yladi. Bir umr birga yashashi kerak bo‘lgan odamni yaxshiroq bilgisi kelardi.

O‘qishga borib kelarkan baʼzan qaysi yo‘ldan borib, qaysi yo‘ldan qaytgani ham esida qolmasdi. Faqat xayollari bilan olishar, ko‘z oldidagi Rustam siymosini to‘la ko‘rishga urinardi…

Birdan Nilufarning esiga yonida bir mashina to‘xtagani tushdi. O‘qishdan qaytayotgandi. G‘ira-shira payt edi. Ularning uyiga boradigan yo‘lak yaqinida mashina to‘xtashi diqqat tortuvchi hol bo‘lsa-da u qiyo boqmagandi. Chunki Rustam uylariga kelib ketgandan keyin uni tanigan tengdoshlari ham qaytadan harakatga tushib qolgandilar. Shulardan biri bo‘lsa kerak deb parvo qilmadi. O‘shanda kimdir yugurgancha orqasidan kela boshlaganini sezdi. Ammo qayrilib qarashga ulgurmadi. Uning og‘iz burniga nam bir latta bosilgani va nafas olishi qiyinlashganini eslaydi, xolos.

Nahotki, Rustam meni o‘g‘irlab qochdi, deb o‘yladi Nilufar. Yo‘q, u qo‘yning ham og‘zidan cho‘p olmaydigan bola. Qolaversa, hamma uning tomonida. Istasa uyimizga ham kirib kelishi mumkin edi. Buvimga aytsa, bir narsani bahona qilib kelishardi. U o‘g‘irlab kelsa ham nega bu sovuq yerto‘laga qo‘ysin? Nega qo‘llarimni bog‘lasin? Bu ablah Alisherning ishi. Kimdir uni MXXga ishga o‘tgan, ham o‘qib, ham ishlayati deb aytgandi. Otasi esa prezidentga maslahatchi bo‘layotganmish deb eshitgandi. Qaysi kun uni Rustam bilan birga ko‘rib qoldi. Shundan keyin paytavasiga qurt tushgan. Ilgari ham necha marta gap ochdi, sovchi qo‘ydi, ammo istamadim. Mana endi ablahlik yo‘liga o‘tibdi. Bechora buvim, oyim-adam nima qiladilar, nima deydilar endi? Rustam nima deb o‘ylaydi? Uning ko‘ziga qanday qarayman? Koshki rozilik berib, to‘yni tezroq o‘tkazsak bo‘larmikan? Bu nima ko‘rgulik? Ablah Alisher meni yaxshi ko‘rsa, shu kuyga soladimi, sharmanda qiladimi, zax yerto‘laga keltirib tashlaydimi? Bezbet, bir kuni “Sen bilan ikkalamizdan juda kelishgan o‘g‘il tug‘iladi” deb uyalmay-netmay yuzimga aytdi. Buki, niyati buzuq ekan-da!

Nilufar xayollarida o‘ziga savollarni qalashtirib tashlayotgan bir paytda temir eshik ochilib, ichkariga bir kishi kirdi:

-Nilu o‘zingga keldingmi?-dedi u.

Bu Alisher edi.

“Ablah!” deya baqirmoqchi bo‘ldi Nilufar, lekin baqira olmadi. Shundagina og‘ziga nimadir yopishtirib qo‘yishganini sezdi. Alisher kelib, o‘sha yopishtirilgan narsani tortib, shart etib yulib tashladida, egilgancha Nulufarning labidan o‘pa boshladi. Nilufar tilini so‘rishga intilyotgan sovuq labni qattiq tishlab oldi. Alisher birdan o‘rnidan turib og‘zini ushlgancha tashqariga chiqar ekan:

-Qanjiq, onangni ko‘rsataman!-dedi.-Hali senmi vatan xoiniga erga tegadigan!

-Menga desang o‘ldirib yubormaysanmi, men hech qachon seniki bo‘lmayman!-deya baqirgan Nilufar, Alisher eshitsin deya qattiq-qattiq tupurib tashladi va:

-Sen tupuksan! Turshak! Ablah!- dedi va hungrab yig‘lab yubordi.

Bir ozdan keyin taqara-tuqur ovozlar eshtildi. Ichkariga bir necha kishi kirib kedli. Ulardan biri:

-Qiz shu yerda ekan, topdik, qo‘llari bog‘langan!-dedi.

U militsiya kiyimida edi. Orqadan kirib kelgan fuqaro kiyimidagilardan biri:

-Tez qo‘llarini ochlaring, suv berlaring, ana u ablahni militsiya bo‘limiga olib borlaring,-dedi.

Militsioner qo‘llarini yechar ekan, Nilufar beixtiyor boshini uning yelkasiga qo‘yib, hichqirib yig‘lay boshladi.

-Yig‘lama qizim, biz seni qutqazdik. Yaxshiyam vaqtida xabar topdik. Bo‘lmasa u ablah bola, bilmadik, nima qilgan bo‘lardi. U ilgari ham bir qizni o‘g‘irlab, zo‘rlab, keyin o‘ldirgan ekan. Tavba, tag‘in yuridicheskini bitirayotgan ekan-a,-dedi.

-Qarasangchi, bu kameraning kalitini qayerdan oldi? Kim bilan til biriktirdi? Uni yaqinda bu sohaga ishga o‘tkazishgan ekan. Toshkentda mashina o‘g‘rilari mafiyasiga ham rahbarlik qilar ekan… iplos, birovning ko‘z qorasi bo‘lgan qizini o‘g‘irlab qayoqlarga olib kelganini qarang-a?! Davlatimizning, mustaqilligimizning obro‘yiga mana shunaqalar soya tushirmoqda,-dedi eshik yonida turgan kishi.

Nilufar Alisherning kun ora yangi mashina minishini esladi. Demak, hammasi o‘g‘irlangan mashinalar ekan-da. Otasi shunday katta ishda ishlasayu bolasi shunaqa jinoyatchi bo‘lsa?

Xuddi Nilufarning xayolidagini o‘qiyotandek, fuqaro kiyimidagi kishi militsionerga:

-Otasi yaqinda yurtboshimizga maslahatchi etib tayinlanibdi, bu ishimizni juda og‘irlashtiradi, allaqachon boshliqlarga telefon kelayotgan bo‘lsa kerak!-dedi.

-Padariga laʼnat, bu kattalarning hammasi bolasini eplolmaydi. Bitta bolasini tarbiyalay olmaganlar millatga qanday qilib boshchilik qilar ekanlar?-dedi fuqaro kiyimida kishi baland ovozda.

-Sekinroq gapiring, devorning ham qulog‘i bor!- deya uni ogohlantirdi militsioner.

Shundan keyin sukunat cho‘mdi.

-Oyim va adamlarga xabar berildimi?-deb so‘radi Nilufar tashqariga chiqib, mashinaga minishayotganda.

-Endi-da, hali seni topganimizga besh minut bo‘lgan emasku, qizim,- dedi militsioner kiyimidagi kishi.-Qolaversa, bu joydan telefon qilamiz desak, sotib yuboradiganlar chiqishi hech gap emas. Buning ustiga bu joy uylaringdan ancha uzoqda. Biz Namangan degan joydamiz. Eshitganmisan?

-Bo‘lmasachi?-dediyu Nilufar xayolga toldi.

U Namanganni yaxshi biladi. Rustam namanganlik. Birdan yuragi orqaga tortdi. Endi Rustam nima deb o‘ylaydi? Undan yuz o‘girishi aniq. Qolaversa uning o‘zi Rustamga bu voqeani qanday qilib izohlaydi? Yo‘q, u tushunadigan yigit. Balki hamma narsani anglab olar va hatto bu borada gap ham ochmas. Shunisi yomonda. Indamay yurib, dilingni xunob qiladi. Undan ko‘ra bir marta gapirib qo‘ya qolsa, hammasi ortda qoladi…

Ular mingan mashina g‘ishtlik bir binoning temir darvozasidan ichkariga kirdi.

-Qayerga keldik?-deb so‘radi Nilufar.

-Bu yer hukumatning binosi, ko‘nglingiz to‘q bo‘lsin, hozir ota-onangizga telefon qilamiz, ular kelib, sizni Toshkentga olib ketishadi,-dedi fuqaro kiymidagi kishi.

Nilufarga ichkarida suv va ovqat berishdi. Ammo tomog‘idan ovqat o‘tarmidi?!

Ko‘p o‘tmay haligi fuqaro kiyimidagi yigit kelib o‘zini tanishtirdi:

-Mening ismim Olimjon, boya aytishga ham ulgurmabman,-dedi.- Sizning ishingiz bilan bundan buyog‘iga shug‘ulanish menga topshrildi..

-Ota-onamga telefon qilishdimi?-so‘radi Nilufar.

-Qildik, ammo yaxshi xabar yo‘q. Ular juda ham g‘azzabda. Bunaqasini ko‘p ko‘rganmiz. Boshida shunday bo‘ladi. Ular sizni ataylabdan Alisher bilan qochib ketgan deb o‘ylashmoqda…

-Alisherning jinoyatchi ekanligini aytmadingizmi, axir?

-Afsus, aytolmadik. Uning otasi juda katta ishda va oraga katta odamlar aralashib, ishning unga oid qismini darhol yopib tashlashdi. Bu gapni sizga aytishim mumkin emas, edi. Ammo bilishingiz va tushunishingizni istaganim uchun aytdim. Bularning hammasi yashin tezligida bo‘ldi. Biz sizni topgan joydan bu yerga kelgunimizcha osmon uzilib, yerga tushibdi. Menga hatto Alisherning nomini tilga olishimni ham taʼqiqlashdi. O‘zing pishirgan oshni o‘zing sovut deyishdi…

Nilufarning boshiga xarsang toshlar yog‘ilgandek bo‘ldi. Ulardan birining uchi xuddi boshiga sanchilib qolganu og‘riq o‘rniga olov paydo bo‘lgandi. Issiqlik tepadan pastga xuddi vulqon lavasidek oqa boshladi. Ko‘zlari tinib, boshi yelkasidan uzilib tushgandek bo‘ldi.

Davomini eslay olmaydi. O‘ziga kelganda oq choyshabli to‘shakda yotgandi. Yonida esa yana Olimjon.

-Bizni qo‘rqitib qo‘ydingiz,-dedi u.- Insonning boshiga juda ko‘p ishlar keladi. Ammo bardoshli bo‘lish kerak. Men o‘zim borib ota-onangiz bilan gaplashaman va ularga sekingina tushuntirib qo‘yaman. Zotan deloni butunlay yopish uchun ularning ham, sizning ham imzolaringiz kerak bo‘ladi.

Nilufar hiqqilab yig‘lay boshladi.

-Yig‘lamang, Maxfirat xolaga ham, Rustamga ham o‘zim tushuntiraman…,-dedi Olimjon mayin ovozda.

-Ularni qayerdan bilasiz?-Nilufar ajablangan ohangda savol berdi.

-Ular ham ota-onangiz kabi sizni qochib ketgan deb aza ochib o‘tirishgan ekan. Rustam hatto Maxfirat xolaning uyidan ko‘chib ham ketibdi. Unga yalinib-yolvorishsa ham u qizingiz yengiltak edi. O‘zim uning o‘sha bola bilan ko‘z urishtirganini ko‘rgandim. Shunday gapi bor ekan, nega meni o‘ynatdi, deb chiqib ketgani Maxfirat xolani yiqitibdi. U kishi kasalxonaga tushibdilar. U dunyo, bu dunyo Nilufarni ko‘rishga ko‘zim yo‘q, deb o‘tirgan ekanlar.

Nilufar yana boshini yostiqqa tashladi. Keyin sochlarini yula boshladi:

-Endi nima qilaman! Endi nima qilaman!,-derdi, xolos.

-Siz yosh bola emassiz. Sizning yoshingizda bo‘lganlar allaqachon mustaqil odam hisoblanadi. Qolaversa, katta oliygohni qarib bitirish arafasida turibsiz. O‘zingizni ushlang, bizni ham tushunishga harakat qiling, qo‘limizdan hech narsa kelmaydi, hayotimiz, kareramizni tahlikaga qo‘yib sizga yordam qilayapmiz. Sovet davri bo‘lganda Moskvaga shikoyat qilardik. endi dardimizni kimga aytamiz. Yurtboshimizning gaplarini eshitgan bo‘lsangiz kerak, shikoyat yozgan odamning o‘zini jazolash kerak, dedilar..

Olimjon shunday deb atrofga olazarak boqdi-da ovozini pasaytirib:

-Kim shikoyat yozsa mana menga keladi, deb turibdi. Alisherning otasi esa unga maslahatchi. Tog‘ ularning qo‘lida, tashlab yuborishsa hammamiz ezilib ketamiz. Bizga telefon qilib, ko‘chaga qo‘yib yuboringlar yoki adi-badi aytadigan bo‘lsa psixbolnitsaga tiqib qo‘ylaring deb buyurishdi. Ana u Alisher bo‘lsa, menga berlaring deb po‘pisa qilmoqda.

-O‘zimni o‘ldiraman, hammasidan qutulaman,-dedi Nilufar,-ha, o‘zimni oldiraman…

U shunday deb yon-veridan nimadir qidira boshladi.

-Quloq soling, axmoqlik qilmang, bizni ham o‘ylasangiz-chi, sizni ko‘chaga qo‘yib yubordik, deb mana shu yerda yashirib turibmiz. Sizga yaxshilik qilaman deb hayotimiz yonib ketsinmi. Men ham yangiman bu yerda. Xo‘p, men hali uylanganim yo‘q. Ammo menga yordam berganlarning to‘rt-beshtadan bolasi bor. Gapning ochig‘i men bunday g‘avg‘oga kirmas edim. Ammo sizday aqlli, esli-hushli bir qizni shunday ahvolga tushirishgani meni qattiq tashvishga soldi. Qani adolat! Qani umidlarimiz… Mustaqillikdan shuni kutganmidik? Mustaqil bo‘ldik deb yosh-yosh hayotlarni juvonmarg qilib yuboramizmi? Nima, otasi prezidentga maslahatchi bo‘lsa, istagan ishini qilaveradimi? Ikki kundirki, shaharda tinchlik yo‘q. O‘zi shu yerga kelib hamma boshliqlarni oldiga solib, sizni qidirib yuribdi. Agar bilib qolishsa biz yonib ketamiz…

Olimjonning chin yurakdan, kuyunib aytgan bu gaplaridan keyin Nilufar jim bolib qoldi.

-Bilasizmi ota-onalar ham axmoq, shuning uchun ham qizini oq qilish mumkinmi?

Xuddi Nilufarning yuziga kimdir tarsaki tortib yuborgandek bo‘ldi, endi ilgari boshidan quyilgan olov bu safar ko‘kragiga o‘rmaladi.

Olimjon:

-Mana buni ichib oling,-deya Nilufarning boshidan ko‘tarib, unga volidol ichirdi.-Kechirasiz, aytmoqchi emas edim, ammo og‘zimdan chiqib ketdi. Bilasizmi, men surxondaryolikman, asli. Denovdanman. Toshkentga o‘qishga ketaman desam, uydagilar qo‘yishmadi. Uylantirib qo‘yamiz deyishdi. Nima, ularning gapiga kirib, uylanib olib, keyin podaning orqasidan yugurib yurishim kerak edimi? Adi-badi gaplar bo‘ldi. Aytishib qoldik. Otam “Oq qildim” deb yubordi. Chiqib ketdim. O‘qishga kirdim, o‘z kuchim bilan kirdim. Mardikorlik qilib bo‘lsa ham o‘qib, bitirdim, mana endi meni kechirishgan, hozir yana bolam istaganing bo‘lsa, olib kel, to‘y qilib beramiz, keyin yana qaytib ketaver, deb o‘tirishibdi. Ammo yuradigan qizim yo‘q, ish bilan bo‘lib bu masala haqida o‘ylab ham ko‘rmabman.

Shu paytga qadar yuradigan qizim yo‘q, deyishi Nilufarni biroz o‘ylatib qo‘ydi. Ammo darhol xayollari yana ota-onasiga, Rustamga va buvisiga qadaldi. Hamma undan yuz o‘girgan ekan, buvisi-chi? U  Rustamni o‘z o‘g‘idek yaxshi ko‘rib qolgandi. Nilufar mening betimga oyoq qo‘yib ketdi, deb o‘ylagan bo‘lishlari kerak. Lekin ota-onasi-chi? U ota-onasi haqida ham o‘ylar ekan, goho ularni tushungandek bo‘lsa-da ammo ko‘proq ulardan ranjiy boshladi. Rustamni esa o‘ylashni ham istamasdi.

Agar yaxshi ko‘rsa, nahotki shunchalik tez yuz o‘girib ketadi? Nahotki sevgi deganlari shunday, “lip” etib kelib, “lip” etib ketadigan bo‘lsa? Bir voqeani so‘rab-surishtirmasdan, o‘rganmasdan darhol xulosa chiqaraveradigan odam bilan hayotingni bog‘lasang, boshingga ish tushishi bilan tashlab ketar ekan-da?

Shu payt bir kishi eshikni taqillatib Olimjonni tashqariga chaqirdi. Zum o‘tmay Olimjon hovliqib ichkariga kirdi.

-Alisher shu orada ekan, g‘azzab bilan hammani so‘roq qilayotganmish. “Menga u o‘g‘il tug‘ib berishi kerak” deb yurganmish. Ablah! Nima qilamiz, endi?

-Nima qilsangiz ham meni uning qo‘liga topshirmang, bir umr qulingiz bo‘lishim mumkin, ammo uning bir kunlik xotini bo‘lmayman,-dedi Nilufar zorlanib.

-Boya sizga aytishga yuragim betlamagandi. U ablah Toshkentda ham Nuli meniki, u menga o‘g‘il tug‘ib bergandan keyin, nikoh qilib, ikkinchi xotin qilib olaman,-deb iplos gaplarni tarqatgan ekan.

Ablah, deb o‘yladi Nilufar! Alish-kalish… U maktabda ham shunaqa iplos gap qilib yurar edi. Shuning uchun ham unga “alish-kalish” deb laqab qo‘ygandi…

Ammo Olimjon Nilufarga o‘ylab ko‘rish uchun ham vaqt qoldirmayotgan edi.

-Tez harakat qilmasak, birorta odam sotishi mumkin. Bilasiz bizda mansab uchun onasini ham sotadiganlar ko‘p. Alisher bilan oshna bo‘lishni istaganlar tiqilib yotibdi. Bu o‘zi qanaqa dunyo ekan? Men militsiya, xavfsizlik xizmati xalqni himoya qiladi deb o‘ylab bu sohaga o‘qishga kirgandim. Aksi ekan, bular kechayu kunduz xalqqa qarshi ishlar ekanlar.

Men sizni vaqtincha ota-onamnikiga olib borib qo‘yishim mumkin. Ammo ular “bo‘lajak kelinim” degan gap qilishlariga shubham yo‘q. Buning ustiga mendan ham shubha qilib ota-onamning uyini tekshirib ko‘rishlari mumkin…Shuncha dardingiz ustiga yana yuk bo‘ladi…

Ammo Nilufarning qop qora zulmat qoplagan ko‘nglida “lip” etgan uchqun uchib o‘tgandek bo‘ldi. Istarasi issiq… aqilli.. o‘zini emas, boshqalarni o‘ylaydigan… qahramon…

Bu uzuq-yuluq uchqunlar zumda tarqalib ketdi. Olimjon esa hamon gapirayotgan edi.

-Boysunda bir xolam yashaydilar, hozircha sizni ularnikiga olib borib qo‘ysam bo‘ladi. Siz tayyorlaning, men ishxonamga telefon qilib, kasal ekanligimni aytaman va hozirning o‘zi yo‘lga tushamiz, bo‘lmasa kech bo‘ladi.

Ko‘ngil qo‘ygan yigiting mana shunday, sen uchun o‘zini ham, hamma narsasini ham fido qiladigan, tezda muammodan chiqish yo‘lini topadigan, aqli charxlangan bo‘lishi kerak. Bir zumda hamma narsani o‘ylab, chorasini topmoqda. Lattachaynar emas. Hatto ota-onasining keyingi gaplari va harakatlarini ham taxmin qilib, mening ko‘nglim og‘rinmasligi uchun chiqish yo‘lini topdi. Unga kim ham tegsa baxtini topadi. Har holda ko‘z ostiga olgani bordur? Yoki… Yoki menga ko‘z tikdimi? Bo‘lmasa nega bu qadar fidoyilik qilmoqda? Agar ko‘z tikkan bo‘lsa, to‘ppa to‘g‘ri ota-onasining uyiga olib bormasmidi?…

Ular Namangandan Jizzax orqali Samarqandga yetib kelganlarida kech kirib qolgandi.

-Shu yerda bir tanishim bor,-dedi bu yerga qadar indamay kelgan Olimjon.-Bozorning yonida yashaydi. No‘xat, hasib pishirib sotadi. Uyini restorandan ham yaxshi qilgan. Juda tozakor odamlar. Ularnikiga kirib ovqatlanib, keyin yo‘lda davom etamiz.

Nilufar indamadi. Nima ham derdi?

Uy egasi ularni yaxshi kutib oldi:

-Akamillo yaxshimisiz, yangamlar, bolalar yaxshimilar…

Bu gap Nilufarning xayoliga chaqmoqdek urildi. Ammo Olimjon:

-Bu yangam shunaqa, doim meni izza qiladilar. Bu deganlari yanga topdingizmi, bolalar bilan qachon kelasiz, deganlari,-dedi Olimjon.

Haligi Tojik ayol:

-Bizni to‘yga aytmasdan uylanib oldingizmi deb jahl qildim, shuning uchun kelinposhshani bir qizdirayin, dedim-da,-dedi.

Nilufarning ko‘ngli yorishib, Olimjonga qarasa, u ham tikilib turgan ekan. Uyalib ketdi va ko‘zlarini olib qochdi.

Ovqatlanib bo‘lishgach:

-Charchabman, shu yerda tunab qolamiz, yo‘lga ertalab chiqamiz,-dedi Olimjon.

Bu juda ham qarorli yigit ekan. Agar shunday odaming bo‘lsa aslo ko‘chada qolmaysan. O‘qishingga ham, ishlashingga ham o‘rin qolmaydi.

-Darvoqe o‘qishim nima bo‘ladi?-dedi Nilufar Olimjonga.

-Avval joningizni qutqaraylik, keyin o‘qishni ham o‘ylab ko‘ramiz,-dedi Olimjon beparvolik bilan.

U shunday deb uy egasiga:

-Yotadigan xona bormi?- degandi:

-Ana o‘sha o‘zingiz yotadgan xonanani yana tayyorlab qo‘ydim,-dedi u.

-Har safar Surxondaryoga ketishda shu yerda tunab qolaman,-deya izoh berdi Olimjon va ichkariga kirib ketdi.

-Hov, kelinposhshani chaqirmaysizmi,-dedi uy bekasi birozdan so‘ng.

-Yo‘q, u kishiga boshqa xonadan joy qilib bering,-dedi Olimjon va qaytib chiqib:

-Nilufarxon, uzr, juda charchaganman, siz ham uxlang, haligi gaplar oramizda qolsin,-dedi.

-Hm, oralaringdan gap o‘tibdi-da, yoshlikda ko‘p gap-so‘z bo‘ladi. Ammo bir tomon og‘ir bo‘lishi kerak. Hozir kirib, oyoqlari va yelkalarini bir uqalab qo‘ysangiz, olam guliston!

Nilufar qizarib-bo‘zarib ketdi. Ichkaridan yarim yalang‘och chiqqan Olimjon:

-Yanga iltimos u kishiga joy qilib bering, boshlig‘imning qizi bo‘ladilr, hali roziliklarini olganim yo‘q. Har xil gaplardan xafa bo‘lib qolishlari mumkin,- dedi.

Nilufar uxlamasdan tongga qadar o‘ylab chiqdi. Goh yig‘ladi, goho xafa bo‘ldi. Ammo shunday dovyurak va aqlli yigit bilan yonma-yon tushib qolgani esa unga taskin berdi. Shu paytga qadar u hatto qo‘lini ushlamadi. Ammo dastlab yig‘laganda bag‘riga bosgandi, o‘shanda Nilufar allaqanday bir his tuygan ammo dardlari ustun kelgandi.

Olimjon bo‘ydoq bo‘la turib, unga nisbatan befarqligi Nilufarda shubha ham uyg‘otdi. Yana bularning hammasi Alisherning rejasi bo‘lib chiqmasin? U Olimjonni qo‘lga tushirib, meni bir chetga olib ketayotgan bo‘lmasin? Negadir baʼzi gaplari sunʼiy chiqib qolayotganga, yuragidan chiqmayotganga o‘xshamoqda. Yonida shunday chiroyli qiz bo‘lsayu u parvo qilmasa? E, chiroying qoldimi.? Ko‘zlaring kirtayib, ahvoling bir hol bo‘lib turibdiyu xayolingga kelgan narsaga qara!

Bu fikrlar xayoliga kelgani uchun Nilufar o‘zini aybladi.

Axir Olimjon men uchun hayotini tikmoqda-ku? Dunyoda shunday fidoyi, adolatli insonlar ham ko‘p. U o‘ziga xos xarakterga ega. Balki ezilib-suzilib gapirishni yomon ko‘rar? Balki ko‘ngliga kelganini shartta aytib qo‘yadigan odamdir? Unday bo‘lsa, hali birdan “Sizga uylanmoqchiman” deb qolsa, nima qilaman? Uf, yana xayoling qayoqlargadir ketmoqda. Senga nima bo‘lgan o‘zi?

Nilufar Surxondaryoga borguncha ham ana shunday xayollardan qutula olmadi. Gap orasida Olimjon:

-Boradigan joyimiz, asl xolamniki bo‘lmasa ham Xaticha xola chin xolamdan ham ziyod. Ilgari men Afg‘oniston bo‘yicha ishlaganimda, shu yerdan o‘tib, shu yerdan qaytar edim. Ha, hali yoshku, ilgari ham ishlagan ekanmi, deb ajablanmang. Bu ishga juda yosh kirganman. Hali oliygohda ekanligimda taklif qilishgan. Kinolarda ko‘rgan bo‘lsangiz kerak, giyohvandlarni ushlash uchun ularning orasiga ayg‘oqchi yuborishaidi. Meni ham shu ishga jalb qilishgan. Ammo tezda voz kechdim. Qarasam, hamma kattalar aralashgan. Vijdonimga to‘g‘ri kelmadi. Tashlab ketay desam, qo‘rqoqlik bo‘ladi dedimda bu tizimning ichida qolib, adolat uchun kurashaman, deb o‘zimga qaror berdim. Mana sizni qutqazishim ham shu yo‘ldagi bir urinishim. Agar sizni qutqaza olsam, o‘zimni baxtli his qilar edim.

Olimjon shunday deb Nilufarga qaradi va har ikkalasining ko‘zlarida nim tabassum aylanagandek bo‘ldi. Nilufar titroq ovozda:

-Rahmat…- dedi.

Xaticha xolaning uyi Boysunning markaziga yaqin joyda ekan. Xuddi shaharlardagidek qilib qurilgan. Hatto hovliga kiradigan temir darvozasi Toshkentni eslatdi.

Ularning kelishlaridan xolaning xabari bor ekan.

-Men telefon qilib qo‘ygandim. Ha, darvoqe, men ketgandan keyin adashib birovga telefon qilmang. Alisher hamma telefonlarni eshitishga buyruq beribdi. Men maxsus asbobni qo‘llab telefon qildim,-dedi Olimjon Nilufarni xolaga tanishtirib bo‘lgach.

Xola, Nilufarni quchoqlagan bo‘ldida choy olib kelay deb ichkariga kirib ketdi. Ular tashqaridagi so‘rida o‘tirishdi.

-Meni bu yerlarga tashlab ketasizmi? Men bu yerda nima qilaman? Qachon kelasiz?-dedi Nilufar.

-Men borib vaziyatni o‘rganib, tezda qaytaman. Bir yo‘lini qilamiz. Balki… balki sizni ota-onamnikiga olib borarman… Ular sizday sohibjamolni ko‘rib quvonib ketadilar…

Nilufarnng vujudi titrab, badanida nimadir o‘rmalayotgandek bo‘ldi va o‘zini noqulay sezdi. Ammo shu bir gap uning yelkasidagi tog‘ni yiqitib, shodliklar bog‘ining eshigini ochib yuborgandek o‘zini yengil sezdi.

Olimjon choy ichib, xola damlab qo‘ygan oshdan yedi-da ichkariga kirib xolaga nimalarnidir tushuntirib, tashqariga chiqar ekan:

-Men endi yo‘lga otlanay, yetib bormasam, qidirib qolishadi, mening bu go‘zalimni yomon ko‘zlardan asrang, saunani ishga soling, oldin bir huzur qilib tashvishlarini unutsinlar, keyin hordiq oladilar…,-dedi.

U shunday deb mashinaga o‘tirdida:

-Tezda qaytaman,-deb ketib qoldi.

Nilufar go‘yo qushga aylangan va atrofdagi tog‘lar tomon uchgisi, keyin yo‘lga tushib Olimjonni to‘xtatgisi kelardi. Xola uni saunaga boshlaganda dunyoda shunday joylar borligidan hayratga tushdi. Saunaning ichidagi taxtalar xuddi oltindek tovlanib turibdi. Kiraverishda yap yangi oyoq kiyimlari, yangi sochiqlar… Besh olti kishi cho‘milishi mumkin bo‘lgan hovuz tiniq suvga to‘ldirilgan…

-Olimjon oltin yigit, xuddi o‘z o‘g‘limday ko‘raman uni, butun topganini shu yerga tashiydi. Bu uyda Toshkanda bo‘lgan hamma narsani muhayyo qilaman, derdi faqat. Undan o‘tkazib ham yubordi. Bir kuni unga bu uyda faqat bir hurliqo yo‘q desam, “Ko‘rasiz, hali bir kun hurliqo ham kirib keladi” degandi. Mana o‘sha kun ham keldi…-xolaning bu gaplari Nilufarning quloqlariga mahkam o‘rnashib qoldi.

U issiq saunadan chiqishi bilan xola uni ichgaridagi xonaga boshlab qo‘l oyoqlarini uqalab qo‘ydi:

-Aylanayin, bu qadar go‘zal qizim,-deya turli atir upalarni olib kelib uni erkalata boshladi. Nilufar chet ellarda chiqadigan bu atr upalarni ko‘rib hayron qoldi.

-Bularni Afgonistondan olib kelgan va “Bir kun men olib keladigan hurliqoga ishlatasiz” degandi…

Xolaning erkalashlari bilan Nilufarning ko‘zi yumildi. Bir payt sochlarini silayotgan qo‘lning taftidan uyg‘onib ketdi. Qarasa, Olimjon…

-Sizni tashlab keta olmadim, yo‘ldan qaytdim,-dedi u Nilufarning quloqlariga pichirlab.

-Meni hech qachon tashlab ketmang, siz bo‘lmasangiz nima qilaman bu dunyoda?,-deya Nilufar yig‘lay boshladi.

-Yig‘lmang, doim yoningizdaman, endi men sizniki, siz esa meniki, hurliqomni topdim, nihoyat!

Olimjon harir xalatga o‘ranib yotgan Nilufarni bir zumda qip yalang‘och qilib, bag‘riga oldi. Zum o‘tmay Nilufarning qichqirig‘idan xonaning derazasi zirillagandek bo‘ldi. Ammo bu qichqiriq nolali emas, balki huzurbaxsh qichqiriq edi.

-Men shunday bo‘ladi, deb hech o‘ylamagandim. Men to‘y bo‘laman deb o‘ylagandim,-dedi u charchab qolgan Olimjonning ko‘kragidagi tuklarini silar ekan.

-To‘y ham qilamiz. Agar juda istasangiz to‘ydan keyin qiz bo‘lib chiqasiz…

-Uyatsiz..- deya Nulufar qo‘llari bilan Olimjonning og‘zini bekitdi.

-Nima, tibbiyot oliygohida bu haqda gap bo‘lmaganmi?

-Bas qilasizmi, yo‘qmi…

Shu payt telefon jiringladi. Xola Olimjonni chaqirdi. Olimjon eshikni yopib, narigi xonaga o‘tdi-da Nilufar eshitmasin deya ovozini pastlatib:

-Hammasi zo‘r,- dedi kimgadir.- Ammo hali videoga olishning imkoni bo‘lmayapti. Biroz o‘jar. Uch-to‘rt kunda pishiraman! Pasportini esa tayyorlasa bo‘laveradi!…

OLTINCHI BOB

…1990 yil.  Karimov qozi va mufti bilan suhbatlashmoqda. U qozining gapini bo‘ldi:

-Bugungilarni faqat nasha bilan aldab bo‘lmaydi. Xudoni o‘rtaga qo‘ysangiz ham tonib ketishadi. Bugungilarga ishonib bo‘lmaydi, kichkina mansab uchun hamma narsani sotib yuborishadi.

-Gap tarbiyada,-deya javob qildi qozi.- Sho‘rolar davrida bularning iymoni ham, ishonchi ham yo‘qoldi. Bu bir tomondan yomon. Ular Xudoga ishonmaydigan bo‘ldilar. Ammo ikkinchi tomondan yaxshi. Ularni har narsaga ishontirish mumkin.

-Mening shayxlik qilishga na vaqtim, na toqatim bor,-dedi Karimov.

-Junbushga  kelgan yoshlarning yoniga borib, “Islom davlati qurib beraman” desangiz, bas,  keyin… keyin… ular qochib chiqib ketadigan yo‘llarini biz tomonga burib qo‘yasiz, oralaridan fidoyilarni mana men o‘zim tanlayman,-dedi qozi.

Ular yana ancha gaplashib, chiqib ketganlaridan keyin Karimov maslahatchisi Alimovga:

-Men bu ikki mullaga ham ishonmayman,-dedi.- Bunisiga muftilik kerak. Hozir unga qarshi kayfiyat kuchaygan. Mening madadim bo‘lmasa onasini uchqo‘rg‘ondan ko‘rsatishadi. Shuning uchun oshnasi qozini boshlab kelgan. Ammo ularni o‘z og‘zidan ilintirish kerak. Ular bizni emas, biz ularni qo‘llanaylik. Aytganlarini qilaylik. Shu bahonada hamma diniy guruhlardan qutulamiz. Faollarinii qozining huzuriga jo‘natasan. Men yaqinda Hollandiyaga boraman va o‘sha yerda bayonot berib, bizda diniy ekstremizm tahlikasi kuchli degan gapni aytaman. Shundan keyin butun G‘arb ham bizning hamkorimizga aylanadi. Qozining yo‘liga o‘tganlarni esa g‘arbga qarshi qo‘yamiz. Bolalaringni to‘plab, buning planini qilinglar. Bir joygan bir og‘iz gap chiqsa og‘zingni butunlay tikib qo‘yaman..

Alimov odati bo‘yicha indamay turdi. Karimov esa odati boyicha davom etdi:

-Samarqand rayoni bilan Pastdarg‘om rayoni orasida Xishrav degan joy bor. O‘sha yerda askarlarning maxsus poligoni bor. Hozir IIVning 7-bo‘limi foydalanmoqda. Ularni birorta qurilish idorasiga ko‘chir. Xishravda fidoyilarni tayyorlaysan. Darvoqe, muftining uyiga tomdan bitta granat uloqtirib, uni dushmanlaring qildi deb qo‘rqitib qo‘ylaring. Qancha qo‘rqsa, shuncha bizga yaqin bo‘ladi. Agar o‘yinda faol qatnashmasa bitta komissiya yuborib, delo qilib qo‘y. Bularni yaxshilab jilovlamasang, paytini poylab qorningni yorishadi.

-Haligi guruhga oladiganlarimiz, o‘zimiznikilardan bo‘lsinm-mi?-dedi Alimov. U hech qachon mana bu ishni mana bunday qilaylik demas edi. Taklifini savolga o‘rab aytar va Karimov darhol uni tushunar edi. Endi ham u o‘zimiznikilarni aralashtirmasak yaxshi bo‘lardi degan gapni savolga o‘rab Karimovning oldiga tashladi.

-Yo‘q,-dedi Karimov,-o‘zingniki go‘rga ham yaramaydi. Boshqa millatlardan bo‘lsin. Masalan MXXning ilgarigi Dzerjinskiy maktablaridan rus tilli yigitchalarni terib olasan. Shuningdek, qamoqlarni ko‘rib chiq va milliy nizolar tufayli qamalganlar orasidan ham tanla!

-Bir ikkita o‘zimizdan ham qo‘shmasak, keyin mummolar chiqib ketmasmikan?,-dedi Alimov qo‘lidagi papkasini ko‘kragiga bosib.

-Undan bo‘lsa, sport to‘garaklarida chiniqqan bolalardan ham tanla. Avval bir narsa bilan ayblab qamaysan, urasan, momotaloq qilasan, o‘limiga rozi bo‘lsin, keyin men uni avf etib, katta maosh belgilab qo‘aman. Shunda ham ota-onasi, yaqinlarini garovda saqlaysan.

-Har ehtimolga qarshi, bir narsani so‘raqmochi edim,- dedi Alimov.- Mabodo chetga bir gap chiqib qolsa, nima qilamiz?

-Gap chiqmasligi kerak, tamom!

Karimov biroz o‘ylab turdi-da:

-Bo‘pti keyinchalik ularni Prezident gavrdiyasi deb rasmiylashtiramiz. Ammo rasmiylar yonida norasmiylari ham bo‘lsin. Istagan paytda istagan odamni yo‘qotadigan, uyiga o‘t qo‘yadigan, qochib ketsa ushlab keladigan, mitinglarni tarqatadigan, hukumatdagilarni, viloyatdagilarni kuzatadigan maxsus bo‘limlar tuzasan. Yer ostida ilon yursa bilishimiz kerak,-dedi.

-Bu MXXni ishiga o‘xshab qolmaydimi?-so‘radi Alimov.

-Ayni paytda IIV ni ham, MXXni ham nazorat qilamiz. Lekin hozircha bu idoralarning rahbarlarini qo‘llan, keyin ularni yo‘qotamiz. Sening bolalaringdan keladigan maʼlumot asosida ularning maʼlumotlarini bir ikki puchga chiqarsak, oyog‘lari kuygan tovuqdek pitirlashib qolishadi. Ha, aytish esimdan chiqibdi, Jo‘rabekov bilan Umrzoqov bitta hojatxonaga boradigan bo‘lib qolishgan. Ikkalasi ham seni yomonlab yuribdi. Mana bu deloni tayyorlab kelishibdi. Rahim Rajabov ham ularga qo‘shilgan. Hammasini kuzatuvga ol! O‘zingga yaqin bolalardan birortasi bo‘lsa, olib, kel, ish beraman, bu ham ularga tayoq bo‘ladi…

Alimov shu kuniyoq Samarqanga bordi va viloyat hokimi Abdurahmonov bilan Xishrav posyolkasiga yo‘l oldi. Avvaliga Abdurahmonov hech narsadan bexabar edi. Keyinchalik bilsa ham bilmaslikka oldi. Tez orada Xishravda maxsus batalon tuzildi. Alimov viloyat hokimiga, IIV vaziri va MMX raisiga prezident gvardiyasini tuzmoqdamiz, desa-da, aslida dor ostidan qochganlar bir joyga to‘planayotganidan ular vahimaga tushayotgandilar…

YETTINCHI BOB

Durdona rus Josuslik Xizmati boshlig‘i bilan uchrashuvga tayyorlanar ekan, qanday qilib soqchilarini tashlab ketish haqida o‘ylayotgan edi. Ularga har qancha ishonsa ham, Josuslik xizmati boshlig‘i bilan uchrashgani dadasining qulog‘iga borib yetishini istamasdi. U tashqi kiyimlarini ichkisiga almashtirib, xonadan chiqdi va:

-Sanlar borib dam olaveringlar, boshim og‘rib turibdi, ertaroq yotaman, balki saharlab bir joyga boramiz, yo‘limiz uzoq bo‘lishi mumkin, yaxshilab dam olinglar,-dedi  soqchilariga va:

-Ha, darvoza ochiq tursin! Sonya kelmoqchi edi. Kelsa mehmonxonadan joy qilib bering,-deya xizmatchi ayolga yuzlandi. Keyin unga bolalar ham darslarini qilib bo‘lishlari bilan  yotqizishni buyurdi.

-Ammo darvozani ochiq qoldira olmaymiz,-dedi soqchilardan biri.

-Sen yana mahmadanalik qilayapsan, aytganni qil, bo‘lmasa ertaga Toshkentga jo‘natman! Sanga borib dam olgin, ertaga uzoq yo‘lga chiqamiz dedim. Nima qilishni manga o‘rgatmalaring!-deya baqirdi.

So‘ng xonasiga kirib qaytadan kiyindi-da, sekin yana tashqariga chiqdi. Hammayoq jim-jit edi. Soqchilarning xonasida ham sokinlik. U xizmatchi ayolni imladi va unga:

-Men bir tanishim bilan uchrashuvga ketayapman. Qachongacha beva bo‘laman, balki bunisi yoqib qolar, uzoqdagilar bilishmasin,-dedi.

-O‘libmanmi, opajon. Tilim kesilgan meni…,-dedi xizmatkor o‘ziga bildirilgan ishonchdan g‘ururlanib.

-Men ketgandan keyin ana ular chiqib qolishsa: Bo‘lajak pochcham bilan uchrashuvlari bor ekan, hech kimga aytmalaring, deb tinchitib qo‘y, -deya  uqtirdi.

U hovliga chiqib “Mersedes”ni o‘t oldirishi bilan soqchilar yugurib chiqishdi.

-Hoy-hoy to‘xtalaring,-dedi xizmatchi ayol.-Sizlarga aytishga tortindilar, manga aytdilar, bo‘lajak pochcham bilan uchrashuvlari bor ekan!

-Uff!,-dedi soqchilardan biri,-oxiri boshimizdan ayrilmasak bo‘ldi. Bo‘lajagi emas, sobig‘i bilan uchrashsa ham biz yonida bo‘lishimiz kerak!

Xizmatchi yana gapga aralashdi:

-To‘g‘ri, sobig‘i bilan uchrashsalar, albatta yonlarida turishlaring kerak, lekin bunisi…

Xizmatchining gapini soqchilardan biri kesib tashladi-da:

-Nima qilamiz, orqadan kuzatib boramizmi?-dedi sherigiga.

-Jinnimisan, bu yer o‘rmonning ichi bo‘lsa, orqadan kelayotgan mashina darhol bilinadi. Keyin ishdan quvilmaylik, tag‘in,-dedi ikkinchisi hushyorlik qilib.

-Biror kor-hol yuz bersa nima qilamiz?

-U holda mana guvohimiz bor…

-Balki Toshkentga xabar bersak-mi, Rustam akaning gaplari yodingdami, “Yer ostidan ilon o‘tsa ham bilishim kerak” degan edilar.

-Avval aniqlash kerak, bu ilonmi, yo‘qmi? “Agar ketgan bo‘lsa, sanlar nima yeb o‘tiribsan” demaydilarmi?..

Ilgari Durdona soqchilarini o‘ziniki qilib olgan edi. Istagan paytda olib ketardi, istagan paytda tashlab ketardi. Ammo Moskvaga kelgandan beri bu yerning vaziyatini biladigan odamlar kerakligini bahona qilib, uning soqchilarini almashtirishdi. U shundan beri ularga ishonmaydi. Bir ikki sinab ko‘rdi. Sinovdan yaxshi o‘tishdi. Ammo shunda ham ular oldingilarining o‘rniga kelishgani unga tinchlik bermasdi.

Aytilgan manzilga yaqin qolganda mashinani bir chetga to‘xtatib, orqaga qarab turdi va orqadan kelayogan mashinalarni o‘tkazib yubordi. Keyin cho‘ntagidagi qog‘ozni olib, adresni yana bir bor qarab ko‘rdi.

Ikki kun oldin aeroportda unga oid oltinlarni olib qo‘yishdi. Aslida u hamma narsani rasmiylashtirgan va Moskvadagi kazo-kazolar bilan ham gaplashgan edi. Shunga qaramay yuklarini aeropotda tortib olishibdi. Shundan keyin tanishlariga qo‘ng‘iroq qilsa, bu masalani faqat Josuslik xizmati rahbari hal qilishi mumkinligini aytishdi.

Unga telefon qilish yoki huzuriga borish uchun esa otasini xabardor qilishi kerak. Otasi shunday shart qo‘ygan. Shu bois gazetada ishlaydigan dugonasi Sonya orqali Josuslik xizmati boshlig‘iga xat yubordi va olingan javobda qayerga kelishi yozilgandi. Manzilni topsa, oziq-ovqat do‘koni ekan. Hayron bo‘lib turgandi, bir ayol unga yaqinlashib:

-Men sizni boshlig‘imiz huzuriga olib boraman, mashinangizni do‘konning orqasiga park qiling,-dedi.

Durdona ikkilanib turgandi, haligi ayol cho‘ntagidan hujjatini olib unga uzatdi.

Josuslik xizmati boshlig‘ining alohida topshiriqlar bo‘yicha yordamchisi ekan. Shundan keyin mashinasini park qilib, haligi ayol haydagan taksida yo‘lga chiqishdi.

-Uchrashuvimiz josuslik kinolaridagidek bo‘layati-ku?-dedi Durdona unga.

-Pensiyaga chiqqandan keyin biz ham birorta kinoga senariy yozamiz-da,-dedi haligi ayol yarim rasmiy ohangda.

Bu Durdonaning yuragini g‘ash qildi. U ayol ham xato qilganini tushundi shekilli:

-Ammo bizda pensiyaga chiqish yo‘q-da. Oxirigacha ishlaymiz,-dedi.

Lekin shundan keyin ham suhbat qovushmadi. Taksi bir qancha ko‘chalarni aylanib bir bog‘ ichidagi hovliga kirib bordi. Durdonani Josuslik xizmatining boshlig‘i o‘zi kutib oldi.

-Bu yerda ilgari faqat otangiz bo‘lganlar, sizning mamlakatingizdan boshqa hech kim bu yerni bilmaydi. Bitta bilgani bor edi. Ilgari sizlarda Ichki Ishlar vaziri bo‘lgan. Ammo u o‘ldi. Otangizning bir og‘iz iltimoslari bilan undan voz kechdik. Oradan o‘n yil o‘tganiga qaramay bu xabar hech qayoqqa sizmadi. Bizning uchrashuvimiz ham tabiiyki, sir tutiladi,-dedi u salom alikdan keyin Durdonaning qo‘lini o‘pib uni ichkariga boshlar ekan.

-Ammo men birovni o‘ldirishni iltimos qilish uchun kelmadim. Agar shunday ishni qoyil qiladigan bo‘lsalaring, bu haqda ham gaplashaveramiz,-deya kuldi Durdona.

-Oldindan aytib qo‘ya qolay, Amerikadan boshqa joyda bo‘lsa, qilamiz. Ammo…

-Shamol qayoqqa esishini bildingiz-a?-dedi Durdona.

-Albatta, ayolning qasosi birinchi galda sobiq eriga yo‘nalgan bo‘ladi…

-Nima uchun Amerikada qila olmaysizlar?-qiziqdi Durnona.

-Ikkalamizning oramizda qolsin, siz ilgari bu ishni istaganingizda, topshiriq olgan yigitlar borib otangiz bilan gaplashishganini bilasizmi?

-Yo‘q…

-Otangiz ularga izn bermaganlar. Chunki biz otangizga tushuntirib qo‘ygan edik.

-Unday bo‘lsa otam menga dashnom bergan bo‘lardi? Darvoqe, buni siz qayoqdan bilasiz? Nega siz tushuntirib qo‘yasiz?

-Ishimiz shu, hamma narsani bilish. Nega otangiz izn bermadilar va nega sizga aytmadilar. Otangiz aqlli odam. Nimadan keyin nima bo‘lishini biladilar. Otangiz rahbarlikka o‘tganlarida siz hali tug‘ilmagan edingiz. O‘shanda rahbarlikka o‘tadigan har bir odam bizning tegirmonimiz orqali o‘tardi. Otangiz bu tegirmondan tirik chiqqan odam. Amerikaliklar bilan har kimni ham o‘ynata olmaymiz.

Amerikaliklar hamma narsani kechirishadi, ammo hududiga borib zo‘ravonlik qilsangiz hech qachon kechirishmaydi. Bu masalada nafsoniyatlari juda baland. Shuning uchun ham suhbatning avvalidayoq bunday ishga kira olamasligimizni aytdim. Otangiz bu haqda sizga bildirsalar, keyin sizni nazorat qila olmas edilar. Gapning indallosi biz izn bermagan edik…

Keyingi paytda otasi bilan orasiga sovuqlik tushgan Durdona bu gapdan jahl qildi.

Ilgari qo‘lida ishlagan bir yigit Amerikaga qochib ketdi va sirlarini olamga yoydi. O‘shanda xorijiy radiolarda har kuni uning moliyaviy ishlari haqida gap borardi. Buning ustiga AQSH kongresi ham uning masalasini ko‘ra boshladi. Boshqa tomonda esa sobiq turmush o‘rtog‘i uni sudga berdi. Kechalari bilan uxlamay chiqardi. Hirsi lov-lov yonardi. Sobiq eriga yengilgisi kelmasdi.

Bir kun qo‘riqchilarining kattasiga sobiq erini yo‘qotishni buyurdi. Ammo bahona ustiga bahona topishdi. Shunda otasi chaqirib qoldi.

-San jim yurasanmi, yo‘qmi?-dedi otasi.

-Nima qilibman?-deb javob berdi zaxarxandalik bilan Durdona.

-Voy, manjalaqqining qizi, yana nima qilibman deydi-ya?! Nima, otang, hech narsani bilmaydimi, dunyoga sharmanda qilding-ku? Qaysi qog‘ozga qarasam, seni isming. Bu ketishda go‘rga kirasan!

-Kirsam kiribman, sizga nima?-deya qo‘rslik bilan javob qildi Durdona.

-Menga nima? Nimani ko‘rsatib qo‘yaman sanga. Qanaqa oyoq tashlab yurganingni bilmaydi, deb o‘ylaysanmi?

-Bilsangiz nima qilay? Meni ham Jasliqqa yuborasizmi?

-Jasliqqa onangni yuboraman! Sani esa singling bilan birga Almatovga topshiraman, bugun borgan joylaring bor-ku, ana o‘sha podvalda chiritadi! It ham so‘ramaydi sanlarni! Juda rahm qilsam, kerak bo‘lsa, okeanning naryog‘iga topshirib yuboraman!

Shu kuni Durdona singlisi bilan Almatovning huzuriga borishgandi. U yerda sobiq erining qarindoshlari yotgandi. Ularning qiynoqlarga solinganini o‘zi suratga olib, sobiq eriga yubormoqchi edi. Almatov ularga “tomosha” ko‘rsatib berdi. Yerto‘ladan chiqishar ekan opa-singil qalt-qalt titrashardi. Quloqlarining ostida mahbuslarning ingrashlari, ko‘zlarining oldida ularning tirnoqlarini so‘kib olishgani…

Durdona otasi aytganini qiladigan odam ekanligini bilgani uchun ham tilini tiyishga majbur bo‘ldi. Otasi ham biroz jahldan tushgan bo‘ldi va:

-Ana bittasini topib qo‘ydim, Sarvarjonni. Keyingi haftaga to‘y. Agar odam bo‘lib u bilan yashasang, o‘rnimga o‘shani qo‘yaman va undan keyin bilganingni qilib yuraverasan,-dedi.

Durdona boshini egib turgandi bu gapdan yana o‘t oldi.

-Nima men sizga qulman-mi, istagan paytda sotasiz? U lattani men yaxshi bilaman, endi hezalak bilan yashamaganim qoldimi?

-Agar gapga kirmasang, ko‘zimdan yo‘qol! Daf bo‘l, bu yerlarda qorangni ko‘rmayin-ki, urib oyog‘ingni sindiraman. Meni butun millat otam deydi, oyog‘imni o‘padi. San bo‘lsang manga gap qaytarasan, yo‘qol. Qorangni o‘chir!

Shundan keyin uni darhol Moskvaga jo‘natishgandi. U otasidan xafa bo‘lib hamma boyliklarini Moskvaga tashiy boshladi. Shu orada oltinlari qo‘lga tushib, mana endi Josuslik xizmati boshlig‘i bilan shu haqda gaplashaman deb kelsa, gap boshqa tomonga  ketdi.

Durdona gapni aylantirib hujum qilib ko‘rmoqchi bo‘ldi:

-Meni bu yerga olib kelgan xonim pensiyaga chiqsalar filmga senariy yozishlari mumkin ekan, qolaversa siz yoki sizdan keyingi odam mening o‘g‘limni shu yerda qabul qilganda bu uchrashuv haqida aytib qo‘yishi ham mumkin…

-Siz aslida razvedkachi bo‘lishingiz kerak ekan, meni darhol ikki nuqtada ushladingiz,-dedi mezmon.

-Mendan razvedkachi chiqmaydi,-deb qo‘ya qoldi Durdona hujumi darhol puchga chiqqanidan ruhsizlanib.

-Nega chiqmas ekan, go‘zalsiz, aqllisiz, chaqqonsiz…

-Rahmat! Rahmat!-deya kulib qo‘ydi Durdona.

-Ana u shofer qizdan xavotir olmang. U pensiyaga chiqsa ham gung bo‘lib o‘tadiganlardan. Lekin kelajakda sizga sodiq xizmat qiladi. Ilgari otangizni bu yerga olib kelgan odam haliga qadar u kishiga yordamchi…

Durdona otasining yordamchisini yaxshi biladi. Juda ayyor odam. Otasidan boshqani bir tiyinga olmaydi. U otasidan oldin ham shu ishda ishlagan. Hamma undan qo‘rqadi. Ammo shu lahzada mezmon u haqda o‘ylashga izn bermayotgan edi.

-O‘g‘lingiz masalasiga kelsak, siz otangizning bu yerda bo‘lganidan faqat ishonch tuyganingiz kabi u ham bizga ishonishi uchun aytilsa, ajab emas. Lekin bu uchrashuv qaydiyatdan tashqari.

-Men oltinlarim haqida hamma idorani xabardor qilgan edim. Umuman Toshkentdagi oltinlar bu tomonga oqsa nimasi yomon, sizlar boy bo‘lasizlar-ku?- Durdona asosiy maqsadga o‘tib qo‘ya qoldi.

-Faqat bizlar emas, siz ham…

-Xo‘p men ham. Lekin bu bilan meni ham, boshqalarni ham cho‘chitib qo‘ydingizlar.

-U yerda har ikki tomondan ham xatolik bo‘lgan. Yuk 20 tonna deb ko‘rsatilgan ekan va amalda 25 tonna bo‘lgan.

-Buni oldindan qanday bildingizlar? Chunki yuk ushlangandan keyin tortib ko‘rilgan. Qolaversa, yukni diplomatik yo‘l bilan olib kelgandik, -deb ajablanishini yashirmasdan ochiq gapirdi Durdona.

-Unutmang, hali 15 yil oldin bitta mamlakat edik. Hali ham ildizlarimiz mustahkam. Men faqat otangizning yordamchisi haqida gapirdim. Ammo MXXda asosan bizning kadrlar ishlashini unutmang. Buning uchun ham otangizga rahmat. Siz yosh edingiz, 1991 yilda Oliy majlis sessiyasida MXXni tarqatib yuborib, o‘rniga yangitdan milliy bir tashkilot tuzishmoqchi bo‘lganlar chiqishgandi. O‘shanda otangiz qahramonlik qildilar va MXXni saqlab qoldilar. Shu bilan o‘zlarini ham saqlab qoldilar.

-Demak, faqat otamni emas, meni ham nazorat qilasizlar?

-Vazifamiz! Hamma narsani va hammani nazorat qilamiz.

-Mening soqchilarim ham bo‘lmasa sizlarga…

-Hozircha yo‘q. Biz unchalik pastga tushmaymiz. Lekin siz istasangiz ularni ham almashtiramiz.

-Qanday almashtirasiz?

-Har qanday aqlli odam ham oddiygina narsalarning yechimida qiynalib qoladi deyishgani rost ekan…

Bu gap Durdonaga qattiq tegdi. Xuddi axmoqligini ko‘rsatib qo‘ygan odamdek xijolat chekib qoldi. Rais payt kelganini sezgandek:

-Lekin biz tomondan qilingan xatoni tuzatamiz, 20 tonna oltinni aytilgan joyga yetkazib qo‘yishadi,-dedi.

-Qolganichi?

-Qolgani rasmiylashtirilmagani uchun keyinroqqa qoladi. Munosabatlarimiz darz ketmasa uni ham olasiz.

-Lekin baribir yomon bo‘ldi, bu haqdagi gaplar matbuotga ham chiqib ketdi,-dedi Durdona.

-Mish-mishlar chiqdi, xolos, biz buni rasman rad etsak, mish-mishligicha qolib ketaveradi. Otangiz bu gaplar haqida so‘ragan edilar, tekshirib chiqamiz, deb masalani orqaga tashladik. Lekin siz bilan mening har kun uchrashuvim qiyin. Imkoniyatdan foydalanib baʼzi narsalarni gaplashib olsak.

-Nimani?

Durdona shunday deb atrofga qaradi. Bino uch qavatli bo‘lib ular birinchi qavatda, kiraverishdagi joyda o‘tirishgandi. “Hammayoqqa yozib oluvchi jihozlar qo‘yib tashlashgandur? Bu suhbat dadamga borib yetsa nima bo‘ladi? Shunday ham har kun baqirgani baqirgan. Oyimning miyasini yeb tashladi. O‘zi-ku kuyovini yoqtirmas edi, endi ajralgandan beri ikki gapning birida “Meni dunyoga sharmanda qilding” deb aytadi. Uni o‘zi topgan edi. O‘zi yoqtirmadi. O‘zi haydadi. Endi yana o‘zi baqiradi. Shunaqa ham zolim bo‘ladimi odam?

Durdonaning xayolga botganini ko‘rgan rais:

-Siz meni Volodya deng, men esa sizni Dilya deyman,-dedi.

-Dugonalarim Dilya deyishini butun dunyo biladi. Shu gaplarni tashqarida gaplashsak bo‘lmaydimi?-dedi Dilya.

-Nega endi? Yoki bu yerda gaplarimizni yozib olishadi, deb xavotir qilayapsizmi? Xavotir olmang bu yerda yozishmaydi. Lekin tashqariga chiqib gaplashsak ham bo‘ladi. Faqat tashqarida naryoqdagilar satelet orqali suhbatimizni yozishlari ham mumkin. Shuning uchun siz Dilya bo‘la qolsangiz yaxshi. Bu yerda esa biznikilar, ular o‘z boshliqlarini yozishadimi?

-Bir paytlar hatto “Gorbach”ni ham yozishgan-ku? Mana endi ochildi. Sizni ham yozishlari mumkin,-dedi kinoya bilan Durdona.

-Yozadigan bo‘lsalar nima tashqarida yozishmaydimi? Lekin biz yashiradigan narsalar haqida emas, kelajagimiz haqida gaplashayapmiz. Buni sizning mamlakatga ham, bizga ham foydasi bor. Biz hech qachon endi eski tuzumga qaytmaymiz. Qaytadigan bo‘lsak, besh-olti yildan beri yalinib yurgan Belorusni allaqachon qo‘shib olardik.

-Unda Ukrainadagi inqilobga nega bu qadar jahllaringiz chiqmoqda,-deya kinoya qildi Durdona.

-Bu jiddiy masala. Bizni bo‘g‘zimizdan bo‘g‘ib olishmoqchi. Bilasiz, MDH katta bozor. Bozor uchun hammavaqt kurash bo‘lgan. Oddiy bozorda ham savdogarlar ertaroq borib, yaxshiroq joyni egallashga urinadilar. Bugun kim dunyoga ko‘proq qurol sotsa, o‘sha mamlakat boy bo‘ladi. Bu oddiy haqiqat va biz MDHni qo‘ldan chiqarmaslik uchun kurashamiz. Chunki dunyoda eng katta qurol ishlab chiqaruvchilardanmiz. Qolaversa, Turkman gazini Avropaga biz sotamiz. Gaz sizning mamlakatdan o‘tib keladi. Yana ham qolaversa, paxta va hokazo. Bularni sizga aytib o‘tirishning hojati yo‘q. Mendan yaxshiroq bilasiz.

-Nega endi qo‘shib olmaymiz deyapsiz, agar biz istasak-chi?

-Hech qachon istamaysiz. Otangiz ham istamaydi. Xalqingiz ham istamaydi. Ikki marta qo‘shib olib biz nimaga erishdik? Bugun endi bizning xalq ham istamaydi? To‘g‘ri istaydiganlar bor. Ammo bu ishni amalga oshiradiganlar oxiri yaxshi bo‘lmalsigini biladilar. Checheniston xalqimizning toqatini bitirgan…

-Checheniston masalasi bu sizlarning ichki kurashingiz. Hokimiyat uchun kurashni Chechenistonga ko‘chirgansizlar…

-Balki… Demak, bu o‘yinga mos odamlarni o‘sha yerdan topganmiz. Xullas, sabablari ko‘p. Sizlarni esa yaqinimizda tutib, oldi berdi qilishni va boshqalarning orqa tomorqasi bo‘lib qolmasliklaringni istaymiz. Biz oldin o‘z mamlakatimizni oyoqqa qo‘yib olishimiz kerak. Shu bilan birga yaqinimizda bo‘layotgan voqealarni ham shunday kuzatib tura olmaymiz.

-Kerak bo‘lsa sizlar ham G‘arbning musiqasiga o‘ynab ketasizlar, Volodya,-dedi Durdona bo‘sh kelmaslikka harakat qilib va ko‘chma nomga o‘tib.

-Biz hech kimning musiqasiga o‘ynamaymiz, Dilya. Agar o‘ynaganimizda hozir ikkalamiz gaplashib o‘tirmagan bo‘lardik. Mana siz Moskvaga ishga kelganingizdan keyin sizni ushlash haqidagi talabnomani olganmiz.

Volodya shunday deb papkadan bir qog‘ozni olib Dilyaga uzatdi. Dilya unga ko‘z yugurtirdi-da:

-Pashshadan fil yasashadi, buni o‘zingiz ham bilasiz,-dedi.

-Ammo ular pashshani emas, haqiqiy filni ushlashga umidvor. Mana bu talabnoma ham o‘sha kezlarda kelgan.

Endi Volodya “Traffiking” deb nom olgan va turli maqsadlarda xotin-qizlarni chetga sotish bo‘yicha Dilyaning shirkatlari shug‘ullangani haqida ham uni so‘roq qilish kerakligi borasidagi talabnomani unga uzatdi.

-Mening shirkatim yoshlarga ish topib bergan. Koreya, Arab davlatlariga yuborib ularni ish bilan taʼminlaganman. Bu ham G‘arbga yoqmaydi. Chunki arzon ishchi kuchini hammadan ko‘proq ular istaydilar. Mana endi to‘hmat qilishmoqda.

-Buni to‘hmat deb bo‘lmaydi. Birgina Dubayda mamlakatingizdan bir yilda 563 nafar ayol fohishxonalarda ushlangan va ularning aksariyati sizning shirkatlaringiz orqali chetga chiqqan. Ularga mana shu kifoya. Ko‘rdingizmi, siz yaxshi niyat bilan ish qilayapsiz, kimlardir buzuqchilik qilayapti va aybni sizga qo‘yishyapti. Shuning uchun ham biz bunga eʼtibor qilmadik,-dedi Volodya.

Dilya xayolga botdi. Demak, bu hamma narsani biladi. Birinchi marta shu taklif kimdan chiqqandi, o‘zi? Esladi. “Pantera” klubida ishlaydigan bir yigit kelib:

-Mafiya hozir qizlarni chetga sotish bilan shug‘ullanmoqda. Bir yilda bir necha million pul qilishayapti. Shularning ham tanobini tortib qo‘yish kerak,- degandi.

Shundan keyin Durdona “reketchi” bolalarni mafiyachilar oldiga yuborib, ularga qo‘shimcha soliq solgandi. Ko‘p o‘tmay mafiyachilarning kattasi uning yoniga keldi:

-Opa, bu ishni sizning yordamingiz bo‘lmasa rivojlantira olmayapmiz. Bir tomondan Ichki ishlar vazirligi, ikkinchi tomondan xavfsizlik xizmati, keyin prokuratura ham haq talab qilayapti. Sizning panohingizga o‘tsak, ana shulardan ham qutulgan bo‘lardik. Hozirgidan ko‘proq foyda qilardik, oltmishi sizga, qirqi bizga,- dedi.

-Yo‘q,-dedi Durdona o‘shanda,- to‘qsoni menga, o‘ni senlarga. Bu senlarning ko‘proq ishlashlaringa yo‘l ochadi va taltayib ham ketmaysizlar. Ana u idoradagilarga ayt, mening oldimga kelishsin, haqlarini o‘zim berib qo‘yaman.

Durdona avvaliga chetdan shakar, sariq yog‘ olib kelar va bojxona haqqi hamda soliq to‘lamasdan katta daromad qilardi. Ammo yangi ish unga hech qanday tashvish tug‘dirmadi. Juda tez rivojlandi. Faqat Arab davlatlariga emas, bu yog‘i Hindiston, naryog‘i Portugaliyagacha ham qizlarni pullashdi, ham yosh yigitlarni ishga yuborib ularni quldek ishlatib, katta daromad qilishdi. Kelgan millionlarni esa chetga chiqarib xorijiy banklarda to‘play boshladi. Shularni o‘ylab:

-Volodya, hali kutib turing, banklarda ham shuncha puli bor, degan qog‘oz olasiz,-dedi.-Chunki bolalarim masalasini ko‘rib chiqqan sud borgunimga qadar o‘tgan har bir kun uchun 500 dollardan jarima belgilabdi. Hozirning o‘zi bu pul ancha bo‘lgan. Ertaga falon bankda puli bor ekan, bizga bering, deb ham talabnoma yuborishadi.

-Yuborishgan,-dedi Volodya va yana bir qog‘ozni ko‘rsatdi:

-Mayli, bular bilan asabingizni buzmaylik. Lekin Kayman orollaridagi pullaringizni Qibrizga ko‘chirishni maslahat beraman. Ularning nazorat hududidan chiqishingiz kerak. Otangiz Shvetsariya, Fransiya va boshqa mamlakatlarning banklarida ham sizning nomingizga oltinlar qo‘ygan. Ularni ham ko‘chirish kerak. Agar bir nuqtaga kela olsak, o‘ylaymanki kelamiz, chunki buning bizdan ham ko‘p sizga foydasi bor, o‘zimiz yordam beramiz. Mana bu qog‘ozlarga esa eʼtibor qilmang. Bu hammasi hasad, ko‘ra olmaslik, tuzoqqa ilintirish uchun qilingan urinishlar. Ammo biz prezidentimizning bir og‘iz gaplari bilan bularni arxivga qo‘yganmiz. Faqat bugun uchrashganingda ko‘rsatib qo‘y, bizning unga yomonligimiz yo‘q, dedilar.

-Hali bu uchrashuvimizni u kishi biladilarmi?-deya hayratlandi Durdona.

-Albatta, men u kishidan izn olmasdan bunday uchrashuvga qaror bera olmasdim. Bilardim, siz oltinlar masalasini o‘rtaga qo‘yishingizni. O‘zingiz aytgandek, bu matbuotga ham chiqib ketdi. Hammasiga u kishidan izn oldim. Sizga hurmatlari juda baland. Biror kun o‘zim ham uchrashib gaplashaman dedilar.- Shunday deb Volodya yana gapni hujjatlarga burdi:

-Ko‘rdingizmi, bular kelganiga besh-olti oydan oshdi. Agar biz sizga do‘st bo‘lmasak, o‘zimizni yaqin tutmasak ushlab berardik. Orada shunday shartnomamiz bor. Hatto otangiz jahlimizni chiqarib turganda ham buni qilmadik. Ularga izn berib, shu yerdan sizni ushlab ketishlariga ko‘z yumish bilan otangizni ularga qarshi qayrashimiz mumkin edi. Lekin buni ham qilmadik, chunki sizning tomiringizda bizga yaqinlik bor. Biz onangizni hurmat qilamiz. Biz hech qachon o‘zimiznikini  sotmaymiz. Biz bitta odammiz…

-Rahmat! Lekin baribir har qanday himmatning ham ortida maqsad bo‘ladi?-dedi Dilya.

-Chunki biz sizga ishonardik. Kelajakda siz bilan ish qilishga ishonardik,-dedi Volodya.

-Shuning uchun oltinlarni ushlagan ekansizlar-da?!

-Yo‘q bunday emas, desam baribir shubha qilasiz, mayli sizningcha shunday bo‘lib qolsin, menga ko‘ra esa orada anglashilmovchilik bo‘lgan. Biz hammasini bilardik va hatto o‘sha qo‘shimcha besh tonna qayerga ketganini aniqlab, keyin sizni tuzoqqa ilintirishimiz mumkin edi. Buni qilmadik. Chunki bizga tuzoqqa ilingan odam emas, siz kabi qo‘rqmas, mustaqil odam kerak.

-Men nima uchun kerak, sizlarga?

-Otangiz qarib qolmoqda, buni tan olasizmi yo‘qmi, baribir bu haqda o‘ylashimiz kerak. Qarigan sari u kishi o‘zi bilmagan holda maydonni okeanning naryog‘idagilarga bo‘shatib bermoqda. Ularni siz bizdan yaxshi taniysiz. Ularga qolsa, sizni ham ushlab ketishsa…

-Dadam bilan bir necha marta tortishib qoldik. Dadam juda o‘jar. Meni hali ham bola deb o‘ylaydi va fikrim bilan hisoblashgisi kelmaydi,-dedi Dilya yuragiga yaqin gap ochilganidan yengil tortib.

-Lekin birgalikda ish qilsak, dadangizni yo‘lga solish mumkin. Bundan ham muhimi u kishidan keyin biz u yerda yo sizni, yoki siz istagan odamni ko‘rishni xohlaymiz. Ular o‘z odamlarini tayyorlab qo‘yishdi va inqilob qilib hokimiyatni unga olib berishmoqchi. Darvoqe, ilgari ham 25 tonna oltinni ushlashgan ekan, u sizga oid emasmidi?

-O‘shandan keyin bu partiyani rasmiylashtirgan edim-da, ammo bolalar besh tonnasini shunday qo‘shib yuborishibdi,-dedi Dilya erkalangan ohangda.

-Uni ham qaytaramiz. Lekin otangizni qanday qaytaramiz, bu jumboq bo‘lib turibdi. Biz bilan o‘yin qilayotganga o‘xshayapti. Hamma gapimizga “xo‘p-xo‘p” deb ayni paytda ularga ham yo‘l berayotgani bizga yoqmayapti.

-Dadam, o‘jar boladek gap, aytganini otasi olib bermasa, jahl qilib to‘nini teskari kiyib oladi. Sizlar unga nimanidir yo‘q degan bo‘lsalaring kerak-ki, okeanning naryog‘iga ham kulib qaraydigan bo‘ldi.

-Aslida biz o‘zimiz kulib qarashni aytgan edik. Lekin bunchalikka borishini kutmagandik.

-Dadam juda o‘jar va bir fikrga yopishib olsa, undan ajralishi juda qiyin. Siz boya aytgan gapni unga bir necha yo‘l orqali isbotlash kerak. Hatto buni o‘zingiz yoki prezident rasman aytishlari ham kerak. Bunga ham shubha qiladi. Balki biror joyda majlisda aytish kerak. Shundagina ishonadi,-dedi Dilya.

-Men yoki prezident aytishimiz qiyin emas. Istagan qadar dalillar ham qo‘yamiz o‘rtaga. Ammo ochiq aytish, bu bo‘lmaydigan gap.

-Xo‘p, ularning rejalarini menga aytishingiz mumkinmi?

-Mumkin. Masalan, ular bir qancha nohukumat tashkilotlarni Toshkentda ro‘yxatdan o‘tkazishdi. Endi viloyatlarda ham bo‘limlar ochishdi. Hozirning o‘zida bir qancha yosh jurnalistlarning boshini aylantirib olishdi. Keyin inson huquqlari bilan shug‘ullanadiganlar ham ko‘payib ketdi. Muxolifatni ham ular boshqarmoqda. Veb sahifalar qilib berishdi. Hatto programmalarini yozib berishmoqda. Tomchi, tomchi to‘planib daryo bulur degan maqollaringiz bor. Buning ustiga naryoqdan kelgan harbiylar binolar qurib muqimga qolishgandek ish qilishmoqda.

-Ha, ular nima deyishsa, dadam shuni bajarmoqda. Ularga dadamdan ham yaqinroq odamni topish oson bo‘larmikan. Dadam ulardan juda qo‘rqadi va ayni paytda faqat ular yordam berishi mumkin deb biladi. Sizlardan esa amaliy yordam ololmayman, deb o‘ylaydi.

-Ularga ham dadangiz kerak. Lekin ularning rejimi boshqa bilasiz. Ichkaridan siyosiy bosqi ostida qolishsa, darhol rejalari o‘zgaradi. Buning ustiga ular demokratiyani yoyish asosiy planimiz deb eʼlon qilib yuborishdi va bu yo‘lga juda katta mablag‘ni yo‘naltirishmoqda,-dedi Volodya fikrini asoslashga urinib.

-Ha-ya, sizlarni ham tinch qo‘yishmoqchi emas,-dedi Dilya kinoyaomuz ohangda.

-Ko‘rdingiz Gruziyada nima bo‘ldi? Ukrainada ham oldini ololmadik, axmoqlar gapga quloq solishmadi, endi bu narsa siz tomonlarga ham yoyiladi. Nohukumat tashkilotlarining idoralarida har kuni 40-50 kishini to‘plab, qanday qilib Chausheskoni yiqitishganini, Gurjistondagi, Ukrainadagi inqilob haqida o‘zlari olgan hujjatli filmlarni namoyish qilishmoqda. Ammo dadangiz bunga eʼtibor qilmayapti. Qancha maʼlumot kiritayapmiz, ammo ko‘z yummoqda.

-Yaxshilab tushuntirsa, eʼtibor qiladi…

-Gap o‘sha tushuntiradiganlarda, dadangizni atrofini G‘arbga quloq soladiganlar o‘rab olgan, asta-sekin ularni u kishiga taʼsir qila olmaydigan joylarga o‘tkazish kerak. Bunda siz katta rol o‘ynashingiz mumkin…

Ular uzoq gaplashdilar. Bu birinchi uchrashuv bo‘lgani uchun Volodya ko‘proq xushomad qilib, Durdonani o‘zini o‘ziga maqtadi. Anchagina ichganlari uchun ham Volodya jiddiy masalalarni gaplashishni orqaga oldi. Ammo ular xayrlashar ekanlar Durdona:

-Unutmang, dadam isbotni yaxshi ko‘radi. Uni bir marta ishontirsangiz bas, qolgani juda oson bo‘ladi. 1999 yil fevral, 2004 yil aprel voqealarida sizlarning qo‘llaringiz bor degan gaplar chiqqan edi. Tag‘in ular sizlardan oldinga o‘tib dadamni ishontirib qo‘ygan bo‘lishmasin.

-Qoyilman, hali ham shu haqda o‘ylayapsizmi?-dedi Volodya.-Bo‘pti dastlab, birorta maqola chiqaramiz.

-Chiqaravering, u ham kerak, lekin dadamga u kifoya qilmaydi.

-Nima qilamiz bo‘lmasa?

-Kamida yo bayonot berishingiz yoki birorta minbardan shu haqda gapirishingiz kerak. Masalan, Dumaga hisobot berish uchun borganda, gap orasida buni ham qistirib o‘tasiz. Istasangiz, Dumada yopiq majlis qiling, keyin dadamga stenogrammani yetkazamiz.

-Men kattalar bilan gaplashib ko‘raman, ammo siz mendan ham balo ekansiz,-dedi Volodya.

-Bizda balo so‘zini ham yaxshi, ham yomonga ishlatadilar.

-Agar yomonga ishlatadigan bo‘lganimizda, shuncha vaqtni sizga bag‘ishlagan va yana uchrashishga orzumand bo‘larmidik?

-Yana qachon uchrashamiz?

-Sonya orqali xabar yuboraman,-dedi Volodya Dilyaning kaftini o‘z kaftiga bosar ekan.

-Unga ishonsa bo‘ladimi?-deya so‘radi Dilya.

-U mening ishonchli odamim…

-Lekin baʼzan dadamni yomonlab yozardi-da…

-U paytlarda dadangizni tanqidiy maqolalar orqali yo‘lga solib turardik. Kerak bo‘lsa ertaga sizni maqtab yozadi.

-Hali erta, dadam shubha qilib qolishi mumkin…

-Erta deb kutib o‘tiversangiz, ertalar tugamaydi. Menimcha bitta-bita chiqarib dadangizni ham o‘rgatish kerak. Masalan, avval sizga qarshi chiqqanlarga javob uyushtiramiz. Keyin esa alohida suhbatlar va maqolalar. Odamlar ko‘p o‘qiydigan vebsaytlar ham bor. Ularni ham ishga solamiz. Qarabsizki, otangiz ham sizdan faxrlanadigan va sizga ishonadigan bo‘lib qoladi. Mayli, qolgan gap va rejalarni keyingi uchrashuvga saqlaylik, vaqt ham allamahal bo‘ldi,-deya Volodya Dilyaning qo‘lini o‘pdi.

-Bitta savolim bor, shu dadamning yuragida bir soniya bo‘lsa-da, sizdan yuz o‘girganiga ishonasizmi?-dedi Dilya.

-Yo‘q, ishonmayman, dadangiz bizning odam bo‘lgan va bizning odam bo‘lib qoladi. Ammo qaridi… Qolgan gaplar esa, shunchaki suhbat edi. Asosiy gaplarni keyingi safar gaplashamiz!

Volodya shunday deb Dilyaning yonog‘idan o‘pdi-da, mashinaga mindirib, jo‘natib yubordi.

SAKKIZINCHI BOB

Qoraboy aka bilan birovning ishi bo‘lmay qoldi. U har kuni uch marta ovqat olib keladigan yigitdan boshqa hech kimni ko‘rmaydi. Nonushtaga bir burda qora non bilan bir qog‘oz qutida sovugan choy olib keladi. Tushlikka esa eskirib, mitalab ketgan guruch solingan bo‘tqa. Kechqurunga sho‘r karamdan qilingan karam sho‘rva. Uni ichsa, kechasi bilan tashnasini bosolmay chiqadi. Chunki suv ham uning istagiga qarab emas, ularning istagiga qarab beriladi.

Ovqat va suv kamligi bir tomondan yaxshi deb o‘yladi Qoraboy aka, aks holda xona bundan ham battar sasib ketardi. Ilgarilari bu yerga tergovchilar kelib turishgani uchun xona chetidagi axlat va najas qutisini har kuni olib chiqishga buyurishardi. Shu bahonada u ham kameradan chiqqan bo‘lardi. Endi esa bu uch kunda yoki to‘rt kunda bir marta.

Inson hamma narsaga ko‘nikuvchi ekan. Ammo bir narsaga ko‘nika olmas, u ham bo‘lsa o‘zi bilan o‘zi kurashga. Ichki jangni bas qilaman deydi,  bas qila olmaydi. Unga ko‘nikaman deydi, ko‘nika olmaydi. Uning uchun kun bilan tunning, uxlash bilan bedorlikning farqi qolmagan. Ko‘zi yumilganda tun, ko‘zi ochilganda kun. Ko‘zi ochildi deguncha xayoliga kelgan ilk narsa “Hali tirik ekanman” degan o‘y bo‘ladi. U har kuni “Bugun o‘lib qolsam kerak” deydi.

Bolaligida eshitgan gaplari yodiga tushadi. Odam o‘limidan oldin Azroilni ko‘rarkan. Shundan biladi-ki, umrining so‘nggi kelgan. Qoraboy aka Azroil qayoqdan kelar ekan, deb xonaning tirqishlariga termulgani termulgan. “Nega kela qolmaydi? Nega vujudimdagi bu og‘riqlar, ruhimdagi bu azoblarga chek qo‘ymaydi? Men nima gunoh qildimki, bu qadar qiynaysan, Rabbim? Yoki meni yaratib qo‘yib, unutib yubordingmi? Astag‘furullo! Nimalar deyapman-a? To‘g‘risini aytayapman. Boshingga qilich kelsa ham to‘g‘risini ayt deb o‘zing o‘rgatgansan, Rabbim!

Shu bergan neʼmatingni ol qo‘y, uni istmayman! Bu neʼmat jonimga tegdi. Yashashdan hazar qilaman. Bu dunyo yolg‘onligiga ishondim. Ammo u dunyo rostligiga ham ishonmayman. Qudratingni namoyon qilib ishontir meni!

Bu dunyoni sinov deyishadi. Agar adolatsizlik, qiynoqlar, tahqirlar bilan sinaydigan bo‘lsang, o‘tmadim sinovingdan, ol berganingni!”

Shunday kezda ichki “men” uni bosimga olardi.

“Nima endi Xudo seni yaratib qo‘yib, hamma tashvishingni ham ko‘tarsinmi? Sen Xudodan istaganing istagan, ammo unga nima berding?”

“Nima berishim kerak?”

“Nega ibodat qilmayapsan, balki Xudo seni joningni ibodat paytida olishni buyurgan bo‘lsachi?”

“Xuddo bitta mening ibodatimga qarab qolganmi, o‘ziga ibodat qilishlari uchun bandalarini o‘tdan olib, o‘tga solishi kerak-mi?”

U shunday dediyu xuddi Azroilni ko‘rgandek sevinib ketdi. Tavba, odam Azroilni ko‘rishdan ham sevinar ekan-a? O‘limga yaqinlashishdan ham sevinar ekan-a, odam!

U o‘rnidan turib namoz qilmoqchi bo‘ldi. Qibla qaysi tomonda ekan, deb o‘ylab qoldi. Har holda bir parcha yorug‘lik tushadigan ana u tuynik tomonda bo‘lishi mumkin, degan fikr o‘tdi xayolidan. Nima bo‘lsa ham o‘sha yoqni o‘ziga qibla qilib oldi va boshini sajdaga qo‘ygan edi holsizlikdan qaddini qayta rostlay olmadi.

“Ko‘rdinmi, boring mana shu, tag‘in Xudodan shikoyat qilasan”, dedi ichki sado. U ichki sadoga o‘chakishib o‘rnidan turib o‘tirdi va keyin tik turmoqchi bo‘ldi. Tizzalari xuddi nina botgandek zirqirab og‘riy boshladi. U qiynala-qiynala ibodat etayotgan payt birdan eshik ochildi.

-Ha, jon kirib qoldimi, zerikib qoldingmi?-dedi navbatchi.-Ma, mana buni yodla. Har kuni uch marta aytib berasan, bo‘lmasa ovqat ham suv ham yo‘q.

Navbatchi shunday deb uning basharasiga bir parcha qog‘ozni otdi. Olsa Barot Boyqobilov degan shoirning sheʼri ekan:

“Prezident el uchun misoli Padar,

Barchani ko‘radi farzandi qadar.

Vatanim deb qilmish jonini fido,

Panohida doim asrasin Xudo!

Falokatga qilib ko‘ksini tikka,

Xudo saqlab qoldi uni O‘zbekka!

O‘zbekiston buyuk kelajak sari,

Qadam qo‘ydi-omon bo‘lsin sarvari!

Islom nuri bilan davlat bezansin!

Har dilda iymonning chirog‘i yonsin!”

Qoraboy aka shoir zotidan nafrat qildi. Bir paytlar qaysi bir mulla “dinda shoirlar qoralangan” deganda undan hazar qilgan bo‘lsa shu damda u to‘g‘ri aytgan ekan deb o‘yladi. Bittasi faqat “Islom otam” deb gapiradi va “Islom otam” deb yozadi. Uning oshnasi esa “Sizga otilgan o‘q menga tegsin” degani degan.

“To‘xta, kim o‘q otdi unga? Mana endi yana bittasi chiqibdi. Balki ular haqdurlar? Balki rostdan ham “Islom aka” najot qalʼasidur?”

Qoraboy aka birdan Karimovga xat yozgisi, undan madad so‘ragisi keldi. Balki rostdan ham u bu yerda nima bo‘layotganini bilmas, balki  bilaru ana u shoirlar bilmas? Agar bilganda shunday katta shoirlar u haqda qo‘shiqlar yozisharmidi?

“Astag‘furullo, -dedi ichki nido. -Senga nima bo‘ldi? Hali yaqindagina hamma narsa Karimovdan boshlanadi deb aytib yurgan odam birdan undan najot izlab qoldingmi? U bu kamerada nima bo‘layotganini ko‘rmasligi mumkin. Ammo shunday bo‘layotganini biladi. Agar u rag‘batlantirmasa, aksincha jazosini bersa, bular devordan ham qo‘rqadigan bo‘lishardi. Hozir esa devorni ham qiynab gapirtiradigan bo‘lishgan.”

 Bir zumda u fikridan qaytdi. Sheʼrni bir chetga uloqtirdi.

Ammo navbatchi kechqurungi ovqat oldidan undan sheʼrni yoddan aytib berishni talab qildi. U aytolmadi. Sovugan choy kakaram sho‘rvadan dan quruq qoldi. Yaxshi deb o‘yladi. Tezroq o‘laman. Ammo o‘lish qayoqda. Qorning do‘mbira chalib tursa, tomog‘ing qurib qolsa, o‘lim ham qochib ketar ekan.

U kamerada sullayib o‘tirar ekan, yoniga yana bir kishini olib kelishdi. O‘zi sichqonning inidek tor joy bo‘lsa, yana bittasini olib kelganlariga balo bormi?

U odam mulla ekan.

-Ablahlar, Xudodan ham qo‘rqishmaydi, betga xatimga kelgandim, ushlab olishdi,-dedi haligi yigit.-Okam kasal. Ollohdan shunga najot so‘rab, bechoralarga xizmat qilib yuribman. Okamning do‘sti xatim qilgan ekan, shunga kelgandim. Nima emish, men vahobiy emishman? Vahobiy sening mufting bo‘ladi! Saudiya Arabistoni qirolining o‘g‘li bilan o‘qigan! Vahobiy sening prezidenting bo‘ladi, Saudiya Arabistoniga borib, Kaʼbapo‘sh olib kelgan. Vahobiylar bilan og‘iz-burun o‘pishganlarga indamay, bizga qo‘l uzatishadi, ablahlar, mentlar!

U vaʼzini tugatmasidan yana olib ketishdi va bir soatdan keyin olib kelib tashlashdi. Bechorani uraverib momotaloq qilishibdi. Arang o‘ziga keldi.

-Meni ismim Pirmat,-dedi u,-oshnalarim Pirmatcha ham deyishadi. Tashqarida odamingiz bormi?

-Bor, qarindoshlar…

-Yo‘q, birorta ishongan odam bo‘lsa tepaga xabar berardik, u yerda odamim bor, mana bularning onasini ko‘rsatar edik, ikkalamizni ham bu yerdan olib chiqishardi,-dedi u.

Ammo Qoraboy aka yelkasini qisib qo‘ydi.Nega “cha” qo‘shishar ekan? Bo‘yi past bo‘lganda ham tushunish mumkin. Ammo uning bo‘yi ham past emas. Novchadan kelgan, qirra burun. Tushkunlikka tushmaydigan, yorug‘likka intiladigan, o‘qigan yigit ekan.

-Hammayoqni din dushmanlari bosib ketdi,-dedi u.-Ularning hammasi imom bo‘lib machitlarimizga kirib olgan. Turkiyada bitta Otaturk degan diktator o‘tgan. Bularning hammasi o‘shaning ishi. Usmonlini yiqitib, dinni qaytadan tuzmoqchi bo‘lgan, ablah! Hamma jomelarga bittadan ayg‘oqchi kiritgan. Dindorlarni o‘limga hukm qilib, agar o‘lib qolgan bo‘lsa hatto qabrdan chiqarib qaytadan osdirgan. Keyin sho‘rolar ham uning tajribasini olganlar, mana endi kofirboshi ham shu ishni qilmoqda.

Qoraboy aka avval Pirmatni ayg‘oqchi deb taxmin qilgan bo‘lsa, keyin unga ishona boshladi. Yolg‘izlikda paydo bo‘lgan umid edi bu. Ko‘p narsani biladi. Ayniqsa dindan yaxshi xabari bor ekan.

Qoraboy aka umidsizlikni tark etib, Pirmatning hayotga muhabbat to‘la hikoyalarini eshitib qaytadan tirilayotgandek his etdi o‘zini. Har kun undan bir narsani so‘rar edi. Bugun Dajjol haqida so‘radi:

-Bir kun payg‘abarimiz (s.a.v.) uyqudan turib, Dajjolning qayoqdan chiqishi menga ayon bo‘ldi debdilar. Keyin Dajjolning biz tomonlardan chiqishini aytganlar. Dajjol odamga o‘xshagan maxluq bo‘lar ekan. Tepamizda o‘tirganni ko‘rsam uning ichida Dajjol yashiringan deb o‘ylayman. Yuzi sovuq. Ko‘zlari sovuq. basharasidan qo‘rqib ketasan.

Pirmat shunday deb atrofga qaradi. Keyin devorlarni urib-urib tekshirgan bo‘ladi.

-Bularning hamma joyda qulog‘i bor, ammo men qo‘rqmayman. Tog‘am bularning boshlig‘i. Eshitib qolsa hammasining uyini kuydiradi. Lekin baʼzan eshitsa ham eshitmaslikka oladi. Mening Dajjolni yomon ko‘rganimni biladi. Lekin o‘zining ham dardi ko‘p.

-Tog‘angizni shunday katta ishga qo‘ygan bo‘lsa nega uni yomonlaysiz?-dedi Qoraboy aka.

-Men Dajjol haqida gapirayapman, siz bo‘lsangiz boshqa odam haqida o‘ylayapsiz,- Pirmat shunday deb qo‘li bilan atrofni ko‘rsatdi.-Aslida yurtboshimiz juda yaxshi odam. Xudo yaratgan yakto odam. Agar Xudo istamaganda u shuncha odamning boshiga shuncha yil rahbar bo‘lib o‘tirarmidi?

-Stalin ham o‘tirgan,-dedi Qoraboy aka.

-Birinchidan Stalin musulmon bo‘lmagan, ikkinchidan, u Xudosiz bo‘lgan, uchinchidan Xudo bu xudosizlarni boshqa bir xudosizning qo‘li bilan jazolagan,-dedi Pirmat.

-Qanchadan qancha begunoh odamlar o‘lgan…

-Biz qayoqdan bilamiz, ular begunohmi yo‘qmi, Xudo o‘zi biladi, endi Dajjolga qaytsak, Dajjol kelganda hammayoqni hech kim bilmagan, eshitmagan kasalliklar bosib ketar ekan. Ko‘rib turibmiz, nima bo‘lganini. Keyin hamma bir-biriga to‘hmat qilgan, bir-birini qiynagan, otani bolasidan bolani otasidan ajratgan…

Qoraboy aka yana Pirmatdan shubha qila boshladi. Bu menga oid gaplarni bilgani uchun shunaqa deyayotgan bo‘lmasin tag‘in deya o‘ylanib qoldi va sir bermaslikka, gapirmaslikka ahd qildi. Pirmat Dajjol haqida uzoq gapirdi. Navbatchi eshikning teshigini ochganda u:

-Oka ming dollarlik ish bor,-dedi.

-Orqangga tiqib qo‘y o‘sha ming dollaringni,-dedi navbatchi.

-Solihboyev tog‘am bo‘ladilar, mening bu yerdaligimni yetkazib qo‘ysangiz, o‘zlari ming dollarni kerakli joyingizga solib qo‘yadilar…

Solihboyevning nomini eshitgan navbatchi:

-Balki Karimov amaking bo‘lar, nima Solihboyev Toshkandan uylanganmi?-dedi.

-Ha-da, tog‘am samarqandlik, ammo kennoyim toshkanlik. Mani adam ham. Siz faqat Pirmat shu yerda deb birov orqali yetkazib qo‘ying, bas. Qachongacha bu yerda axlat tashib yurasiz, darrov yuqoriga ishga o‘tib ketasiz. O‘zingiz qo‘rqsangiz, yaqinlaringizdan bittasiga ayting, men beradigan raqamga telefon qilib, kennoyimga aytib qo‘ysin, yetadi.

Navbatchi eshikni yopib ketdi. Qoraboy aka yana Pirmatga ishona boshladi. Pirmat Qoraboy akani kunduz kuni uxlashga va yarim tundan keyin gaplashishga undadi.

-Yarim tundan keyin itning ham, mushukning ham uyqusi keldi. Gaplarimizni yozib oladigan tasmalari ham tugab qoladi,-derdi.

-Rostdan ham tog‘angiz bu idoraning boshlig‘i bo‘lsalar sizni qamashga qanday jurʼat qilishdi?-deb so‘radi Qoraboy aka Pirmatdan.

-Tog‘am hali boshliq emas. O‘rinbosar. Ammo boshliq bo‘lib qolishi mumkin deb o‘ylashadi. Inoyatov juda tullak odam. Dajjoldan dars olgan. Ozgina kallasi ishlaydigan odamni yo‘qotishga urinadi. Hozir bu idora ikkiga bo‘lingan. Bir tomonda Inoyatovning odamlari, ikkinchi tomonda tog‘amning. Ichki kurash bor. Dajjol tog‘amni chaqirib “Inoyatovni yo‘qotib berasan” deb topshiriq qo‘ygan. Ammo tog‘am Dajjol Inoyatovni ham chaqirib “Solihboyevni yo‘qotasan” deganini eshitgan. Bular hammasi bir-birini kuzatadi, bir-birini eshitadi. Shuning uchun hozir kurash ochiqcha bormoqda. Tog‘amning odamlari Inoyatovning qaraindoshlarini kuzatishadi. Uning odamlari esa bizni. Men Toshkentdan chiqishim bilan orqamga tushishganini sezdim. Ammo ushlab, qamab qo‘yishadi deb o‘ylamagandim. Buning ustiga kaltaklashdi ham. Demak, ish jiddiylashgan. Tog‘amning qarmog‘iga yaxshi bir o‘lja tushgan-ki, bular ham pitirlab qolishdi.

Qoraboy aka hayratda qoldi. Balki bu yigitning aqli o‘ynab qolganmikan deb o‘yladi. Unday emas. Hamma narsani biladi, hamma narsadan xabari bor.

-Dajjol bir kuni Inoyatovni bo‘shataman degandi u uruslarni ishga solib uni qo‘rqitdi. Bu idorada Aliyev degan odam rais edi. Inoyatov va tog‘am uning qo‘lida ishlashardi. Inoyatov Aliyevni chetlattirdi va kursiga o‘zi o‘tirdi. Tog‘am uruslar qanday ishga solinganini isbotlovchi hujjatlarni Dajjolga olib borgandi uni Inoyatovga o‘rinbosar qilib qo‘ydi. Shundan beri ular it mushuk. Aliyevni esa o‘ldirib yuborishdi.

-Sizni bahona qilib tog‘angizni bo‘shatishlari ham mumkinmi?-deb so‘radi Qoraboy aka.

-Ha, yo‘q, bugungacha men bir necha marta tushib chiqdim. Meni qamasalar tog‘am darhol Alimov degan odamning o‘g‘lini qamaydi. Alimov Dajjolning maslahatchisi. O‘g‘li Toshkanning eng katta mashina o‘g‘risi. Uni ushlashdimi, Alimov Inoyatovga chiqadi. U esa tog‘am ushlab turgan odamni o‘z holicha qo‘yib yubora olmaydi. Keyin kelishadilar. Gap shundaki, tog‘am xabardor bo‘lishi kerak.

-Bular xabarni yetkazmasliklari ham mumkin…

-Yetkazadigani topiladi. Bu yerda ham hamma joyda bo‘lgani kabi ikki guruh bor. Ilgari  ammamning o‘g‘lini ushlashganda bizga xabarini yetkazishgandi. Mana ko‘rasiz, yana bir ikki kun o‘tsin, munosabat o‘zgaradi. Hali oyog‘imni o‘pib qoladiganlari keladi. Agar Inoyatovning odami tog‘amning to‘riga tushgan bo‘lsa, uning o‘zi xabar tezroq tog‘amga yetishini istab qoladi.

-Bu idorada ham hammayoq o‘yin ekan-da!-deya ajablandi Qoraboy aka.

-O‘yin bo‘lmagan joy bormi, taqsir. Mana Ichki ishlar vazirligida yettinchi bo‘lim bor. Bilasizmi qancha odam ishlaydi, 15 mingta. Birortasini ham tanimaysiz. Hammasi institutlarni bitirgan bolalar. Hatto xotin-bolasi ham qayerda ishlaganini bilmaydi. Qurilish tashkiloti yoki zavodda ishlayman deydi. Ishga kelgan joyi rostdan ham qurilish tashkiloti deb yozib qo‘yilgan bo‘ladi. Ichkarisi mentxona. Kirib hujjatlarini oladi, fotoapparatlarni oladi, yani mashinani oladi. Keyin boshliqlardan topshiriq olib odamlarni kuzatshga chiqadilar. Kimni xoxlasalar o‘shani kuzatadilar. Har qanday to‘g‘ri odamdan ham xato topadilar. Keyin o‘sha odamni siquvga oladilar. Bersa berdi, bermasa rasmlar tepaga ketadi. Shuncha yosh yigitlar vatanga xizmat qilayapmiz, jinoyatchilarni ushlayamiz deb o‘ylashadi. Aslida kattalarga xizmat qilishadi. men o‘sha yerda ishlab chiqqanman. Ikki yil muxolifat aʼzolarini kuzatdim. Bechoralarning qorni nonga to‘ymaydi. Shunga qaramasdan adolat bo‘lsin deb harakat qilishadi. Biz bo‘lsak orqalaridan kuzatib, kim bilan uchrashdi, kimnikiga bordi, hammasini rasmga olardik.

Bir kun ikki muxolifatchi bir joyga to‘yga bordi. To‘y qilayotgan odam soliq idorasining rahbari ekan. Kuzatib tursak shunaqa ko‘p rahbarlar kelishdiki, shunaqa ko‘p sovg‘alar keltirishdiki, og‘zimiz ochilib qoldi. Qo‘rqmasdan ochiqchasiga “yashil”idan tutqazganlarini suratga oldik. To‘yda ham faqat dollar sochishdi. Uy joyi ham shunaqa ekan-ki, qo‘yaverasiz. Hammasini taxlab, katta boshliqqa olib borsam: “Axmoq, senga muxolifatni kuzatishni topshirganman” deb rasmlarni basharamga otgan. Yerdan terib olaman desam, qo‘limdan yulib olgan.

Shundan keyin tog‘amni ishga solib, tashlab ketdim u yerni. Keyin “jiyan” ekanligimni bilib qolibdi, uyimga pora ko‘tarib keldi. Nima istarkan, desam, tog‘amning idorasiga o‘tmoqchi ekan.

-Yordam berdingizmi?-deya so‘radi Qoraboy aka.

-Men ham pulini basharasini otib yubordim. Yerdan terib olgandi, qo‘lidan yulib oldim. Pullarni olib borib To‘xtaboy machitiga berdim. Lekin sobiq boshlig‘imga yordam bermadim. Baribir o‘tdi, faqat tog‘amning guruhida emas, unga qarshi. Yegan kaltaklarimdan o‘sha dollarning hidi kelmoqda..

Qoraboy aka uchun birdan hayot qiziq bo‘lib qoldi. Bu dunyoda o‘zi yolg‘iz emasligini his qildi. Qiynalgan, azob chekkan, aldangan, xiyonatga uchragan faqat u emas ekan. Butun dunyo o‘yindan iborat ekan.

Rostdan ham oradan ikki kun o‘tib Pirmat aziz odamga aylandi. Uning oldiga kelib ketadiganlar, xushomad qiladiganlar qo‘paydi. Pirmatni boshqa joyga ko‘chiradigan bo‘lishdi. U Qoraboy akani ham o‘zi bilan birga oldi.

Yangi joyda yana besh kishi bor ekan. Ular juda dindorlar bo‘lib, hukumatga qarshi ishlarda qatnashgan ekanlar. Bittasi mirshabni o‘ldirgan, ikkinchisi hukumat odamining boshini uzib ketgan ekan. Uchinchisi katta mulla. Qolgan ikkitasi Misrga borib kelib turisharkan. Ular ham Karimovni Dajjol deb gapirishardi. Tezda Pirmat ularga ham yoqib qoldi. Pirmatning odamlari kelib kamerani maxsus tekshirib, u yoq, bu yoqqa o‘rnatilgan “quloq”larni topib olib, “Mana endi erkinsizlar” deb chiqib ketishdi.

Pirmat tinmasdan Dajjolning yomonliklari haqida gapirardi. U namoz paytini soatsiz ham bilar va o‘rnidan turib qo‘lini qulog‘ining orqasiga qo‘yib azon ayta boshlardi. Keyin mulla akani oldinga surib, o‘zi orqasida turar va qolganlarni ham bir safga tizardi. Namoz tugashi bilan Pirmat bir tomonga alohida turib, yana bir necha karat o‘qirdi va keyin suhbatlariga hammani mahliyo qilardi.

-Yettinchi bo‘limda ishlaganimda muxolifat rahbarlaridan birini kuzatdim. U mashinasiga Ichki Ishlar vazirligining nomerini taqib olgan edi. Hukumat nomeri bilan yursang, qanday qilib muxolifat bo‘lasan? O‘zbekmiz-da, kim nima desa ishonaveramiz. Ayniqsa, pulim bor desa, tanishlarim bor desa, hukumatni olayapman desa tamom, laqqa ishonamiz qo‘yamiz.

O‘shanda birov uning mushugini “pisht” demas edi. Istasa kirib Dajjol bilan gaplashar, istasa bizning vazir bilan. Lekin hamma narsaning kushandasi bor. Uni ham kuzata boshlashdi. U juda laqmaroq, soddaroq odam edi. Orqasidan qadamba-qadam kuzatsang ham shubha qilmasdi. O‘ziga juda ishonardi.

Bir kun yarim tunda chiqib yo‘lga tushdi. Do‘rmonga yetmasdan bir hovlidan yosh juvonni mindirib oldi. Keyin Bo‘stonliq tomonga yo‘l oldi. Shahardan chiqib ketdik, atrofda tirik odam yo‘q. Biz orqasidan ochiq kuzatib borayapmiz ham hech narsadan shubha qilmaydi.

Bir vaqt tepalikdagi uyning yonida to‘xtadi. Ayol mashinada qoldi. U ichkariga kirdi. Biz uzoqroqda to‘xtadik. Chunki hovli yonida mashinalar ko‘p edi. Aylanib hovlining ichiga o‘tdik. Qarasak anchagina kazo-kazolar shu yerda. Derazaga antena o‘rnatib suhbatlarini yozdik. Gap Dajjolni o‘ldirish haqida edi. Yozib oldik. Tashqariga chiqib atrofni kuzatib, ayolni ham rasmga olish haqida o‘yladik. Ayol shunday chiroyli ekan-ki, binaqasini hech ko‘rmagandim. Yoshlik-beboshlik. Borib mashinaga o‘tirib oldim, esi chiqib ketdi. Biqiniga tapponchani qo‘ydim. Shu payt haligi muxolifatchi chiqib qoldi. U mashinaning orqasida o‘tirganimni ham sezmadi. Tavba, bu qanday qilib muxolifatchi bo‘ldi deyman o‘zimga o‘zim. Qizning tovushi chiqmaydi. Nimadir bo‘lib, avzoyi buzilganmi, muxolifatchi Toshkanga qaytgunga qadar gapirmadi. Juvon bir-ikki yutindi ham parvo qilmadi. To‘g‘ri o‘zining uyiga keldi va mashinadan tushib, uyiga kirib ketdi. Bechora juvon mashinada qoldi. Men uni orqadan kelgan o‘zimizning mashinaga mindirib olib ketdim.

Bir kun qarasam, haligi muxolifatchi haqida bir maqola chiqib qoldi. Yoshlar uni shunaqa himoya qilishdi, asti qo‘yavering. Bu qissadan hissa shulki, haligi qiz o‘sha muxolifatchining eng yaqin do‘stining kelinchagi ekan. U kelinchakni eridan ajratib olgan ekan. Shundan keyin eri devonasifat bo‘lib qolibdi. So‘ng sarson-sargardon yurib, o‘lib qoldi.

O‘shanda haligi muxolifatchi do‘sti haqida shunaqa zo‘r gaplar aytdi-ki, mening ham ko‘zimga yosh keldi. Keyin bilib qolsam bechora do‘sti uning sevgilisidan ajratib olgan, darvesh qilgan muxolifatchi haqida shubha ham qilmagan va aksincha unga bag‘ishlab kitob yozgan ekan. U o‘lgandan keyin esa muxolifatchi uning kitoblarini nashr etdi. Xo‘sh, Dajjolni o‘rtadan ko‘tarsak, kunimiz o‘shanga qoladimi? Yoki o‘shanga o‘xshaganlargami?

Bu hikoya Qoraboy akaga tanish edi. Lekin shunday bo‘lsada Pirmatga qarshi chiqdi.

-Uka hammani bitta qilich bilan chopmang, bittasi yomon bo‘lsa, ikkinchisi yaxshi…

-Aka, har bitta odamga bittadan qilichni qayerdan olaman,-dedi Pirmat.-Mana man degani shu bo‘lsa, boshqasidan nima kutasiz. Undan ko‘ra qo‘rqmasdam o‘zimizdan chiqaraylik. Mana Abdusoli domlani yoki Sobitxon domlani yo‘lboshchi qilib ko‘tarish kerak.

Bu gapdan keyin suhbat qo‘r qoldi.

-Ular dinsizlar mamlakatiga bosh bo‘lishni istamaydilar,-dedi bir yigit.

-Kim dinsizlar mamlakati haqida gapirmoqda. Agar hokimiyat olinsa, bir oyda dindorlar mamlakatiga aylanadi,-deb javob qildi Pirmat.

-Hamma odam dinni istamaydi-ku?- dedi Qoraboy aka.

-Unaqa demang. Xoxlamaganlarni, dindan qaytganlarni kofirlar yurtiga jo‘natamiz,-dedi Pirmat.

-Demokratiya yaxshiroq emasmi?-dedi Qoraboy aka tovushini ichiga yutib.

-Demokratiya kufr, dinning dushmani. Dindan qaytdimi, jazosini berish kerak,-dedi Pirmat qatʼiy qilib.

-Dinda bunday hukm yo‘q. Qolaversa bugungi dunyo bilan ham hisob-kitob qilish kerak. Bo‘lmasa ishlar oldinga yurmaydi. Bugunga qadar biror joyda ham saodat davlat qurilmadi, nega? Buni ham o‘ylab ko‘rishimiz kerak,-deya suhbatga qo‘shildi yigitlardan yana biri.

-Qurilgandi, Xorrun Rashid zamonida, buncha ham passiv bo‘lmang, bu ham demokratlarning taʼsiri,-dedi Pirmat.

Mulla ham unga qo‘shilganini bildirgandek, boshini silkib qo‘ydi.

-Men o‘shandan keyin nega qurilmadi, deyapmanda, taqsir. Chunki doim o‘yin qilishmoqchi bo‘lishdi. O‘yin qilmaslik kerak, hamma narsani o‘z aslida yaratish kerak. Qurʼoni Karim qanday buyurgan bo‘lsa, shunday qilish kerak,-dedi haligi yigit fikrini boshqa tomondan aylantirib kelib.

Pirmat u yigitni hovurdan tushishga chaqirdi.

-Agar mana shunday deb tursak o‘zimiz ham, yana minglab birodarlarimiz ham mana bu zindonlardan qutulmaydilar. Bizda ham programma minumim va programma maksimum bo‘lishi kerak. Minumum shuki, Dajjolni bartaraf etib, istiqlolga yo‘l ochish kerak, maksimum esa saodat saltanatini qurish.

Bahs tinmasdi. Qoraboy aka ko‘nglining bir chetidan haqiqatdan ham sinov boshlangan ekan, bu yerda ko‘p narsani angladim, degan fikr o‘ta boshladi. Ammo oilasi haqida xabar ololmagani unga tinchlik bermasdi.

Rustam, Otabek qayerda ekan? Nima qilishayotgan ekan? Bu savollar ko‘nglida paydo bo‘layotgan umidni so‘ndirib yuborardi.

U bir kun ko‘nglini Pirmatga ochib qoldi.

-Xavotir olmang, ertagayoq xabar topaman, ularning qayerdaligini bilib olamiz,-dedi Pirmat.

-Tog‘angizni shuncha imkoniyatlari bor ekan, nega sizni chiqarib olmayaptilar,-dedi Qoraboy aka.

-Men o‘zim ketishni istamayapman. Ko‘nglimdagi odamlarni topdim. Ketsam ular bilan birga ketaman. Mening maqsadlarim bor. Ularni faqat ana shunday chiniqqan odamlar bilan amalga oshirish mumkin,-dedi Pirmat.

Bu gapni eshitib o‘tirganlar bosh silkab qo‘yishardi.

-Bun dunyoda bandaga emas, yaratganning o‘ziga tobe bo‘lsangiz butun haqiqatni ko‘rasiz. adolat o‘rnatishni his etasiz, adolat dushmanlarini taniysiz,-deya Pirmat gapirar ekan, Qoraboy aka o‘ylanib qoldi.

Balki buning tog‘asi Karimovni yo‘qotib birato‘la ham undan, ham Inoyatovdan qutulmoqchi va  hokimiyatni qo‘lga olmoqchidir? Shuning uchun balki bu yerdagilarni qo‘llanmoqchi bo‘lsa-chi? Axir hamma narsa izdan chiqib ketmoqda? Juda ko‘p odam bu yerga qatnamoqda. Qurollarni tashlab ketishmoqda. Hammaga bittadan uyali telefon berib qo‘yishdi.

Faqat Qoraboy akaga berishmadi.

U o‘zini chetga tortayotgani uchun ular ham uni chetda saqlashmoqda. Balki boshqa yo‘l yo‘qdur? Bir necha kun oldin o‘limga rozi edim. Bularga qo‘shilsam, nima bo‘ladi? Oilam bilan aloqa o‘rnatishim, Rustam va Otabekdan darak topishim mumkin. Bular Dajjoldan qutulmoqchi. Hamma uning yomonligini biladi. Hamma ham undan qutulishni istayapti. Lekin bu qaltis yo‘l. Ammo endi uning uchun farqi qoldimi? Sud yo‘q, tergov yo‘q. Mana, necha oydirki birov so‘ramaydi. Qancha kaltaklashdi, qiynashdi.

Agar Pirmat kelib qolmaganda o‘lib ketgan bo‘lardi. Balki bu Xudoning moʻjizasidir? Balki Xudo unga qayta hayot berib Dajjolga qarshi bosh ko‘tarishga chaqirayotgandur? Nima bo‘lganda ham yutqizmayman, deb o‘yladi Qoraboy aka. Kurashaman, Dajjolga qarshi kurashaman, deb qaror berdi.

Bu qarorini bilgan Pirmat va boshqalar uni quchoqlab, qutladilar. Shu kuni unga uyali telefon berishdi. Darhol uyiga telefon qildi. Javob kelmadi. Yana tushkunlika yo‘liqdi. Nihoyat Pirmat qo‘shnisining telefonini topib berdi. U umr yo‘ldoshi olamdan o‘tganini eshitib, faryod solib yubordi. Kameradoshlari unga taskin berishdi. Birining akasi o‘lgani, birining otasini o‘ldirishgani haqida gapirishdi. Kamerada Qurʼon o‘qib, xatm qilib, o‘lganlarni duo etishdi.

Qoraboy aka endi Rustam va Otabek haqida xabar topishni juda ham istab qoldi. Pirmat yaxshi bola ekan. Kelgan odamdan shu haqda so‘rar va xabar topib kelishni aytar edi.

-Men,-dedi Pirmat,- bu bo‘layotgan ishlar uchun hech kimni ayblamayman. Hammasiga Dajjol aybdor. Bir kun tog‘am chaqirib qoldi. “Bir ish bor” dedi. U Dajjol bilan bog‘liq mutloq maxfiy ishlari bo‘lsagina meni chaqirar edi. Menga o‘xshab yana bir ikki juda ham ishongan yigiti bor. Ularga mendan ham ko‘proq ishonadi. Bizga bir odamni o‘g‘irlashni buyurdi. Uyi Toshkentning chetida ekan. O‘g‘irlab keldik. Tog‘am Dajjolning yoniga olib bordi. Olib kirishdan oldin uni yechintirdik. Tog‘am uni ichkariga yalang‘och holda olib kirdi. Kirayotganda qarshilik ko‘rsatmadi. Chunki qarshilikning javobi nima bo‘lishini unga ko‘rsatib qo‘ygan edik.

Bir soatda uni tog‘am qaytib olib chiqdi. U bizga qarab yig‘lab yubordi. Oltmishga yaqinlashib qolgan odam edi. Katta ishlarda ishlagan. U shunaqa uvlab yig‘ladi-ki, ichimdan bir narsa uzilib ketdi. Tog‘amga qarasam, u ham ezilib ketgan odamdek boshini yelkasining ichiga tiqib olgan.

Dajjol haligi odamni yalang‘och holda ko‘chaning o‘rtasiga tashlab ketishni buyurgan ekan, shunday qildik. Uni mashinadan tushirar ekanmiz, u tog‘amga qarab shunaqa iltijo qildi-ki, tog‘am ham yig‘lab yuboray dedi.

Keyin tog‘amning ham Dajjoldan ko‘ngli qoldi. Haligi odam Dajjolning eng yaqin do‘sti bo‘lgan ekan. Dajjolning o‘zi ini qiynabdi, erkakligini oyoq osti qilibdi. Shu voqeadan keyin Dajjolni dushmanim, deb eʼlon qilganman. Xudoga shukur bu kurashda yolg‘iz emas ekanman, hozirga kelib katta bir armiyaga aylandik. Eng asosiysi Xudo biz tomonda! U ko‘rsatgan yo‘l haq yo‘ldir. Dajjolga o‘lim! Olloh haqdur! Ollohu Akbar!

Kamerani buzib yuboray dedi bu sado. Chunki qolganlar ham shunaqa qichirshdiki, devorlarga urilgan aks-sado qamoqning tashqarisiga chiqib ketgandek bo‘ldi. Qoraboy aka ham ana shu sado sohiblaridan bir edi…

Televizor ekranidan kamera ichida yuz bergan holatni tomosha qilgan Alimov:

-Pirmatcha deganingiz bu gaplarni qayerdan biladi? U hamma sirlarni ochib tashlabdi-ku?- dedi koyish ohangida.

-Hammasi emas, ummondan qatra-ku! Agar bo‘lgan narsalarni aytmasa, ularni ishonira olmaydi-da,-dedi Hamidxon.-Bu bizning o‘zimizga xos va o‘zimizga mos yo‘limiz.

-Oqsoqol sizga bekordan ishonmagan ekanlar,-dedi Alimov hali ham kayfiyati ochilmagan holda uning qo‘liniqisib.-Voqealarning davomini ham kechiktirmay aytib turing, har kun so‘rab turibdilar!

Hamidxon Alimov huzuridan chiqib ayeroportga yo‘l olar ekan, Karimov bilan uchrashuvni yodga oldi.

Alimov esa qayergadir telefon qilib, Hamidxon va Pirmatni yaxshilab o‘rganishlari, kuzatishlari, qarindosh urug‘lari haqida maʼlumot to‘plashlarini buyurdi.

TO‘QQIZINCHI BOB

Olimjon Nilufar bilan bo‘lgan voqealarni videoga yozib olgan bo‘lsada, boshlig‘iga “Hali tayyor emas” deb aytganidan o‘zi qo‘rqib ketdi. Chunki video ishlab turganidan Xaticha xolaning xabari bor va undan bilib qolsalar shuncha qilgan duo-salomlari puchga ketishi mumkin. Shu bois darhol yo‘lga chiqishga qaror qildi. Agar bilishgan taqdirda ham telefonga ishonmadim deydi.

-Men tezlikda markazga borib-kelishim kerak!-dedi u Nilufarga.

-Yo‘q,- deya Nilufar uning bo‘yniga osildi.

Olimjon Nilufarni qaytadan to‘shakka yiqitdi va so‘ng bir zum tashqariga chiqqan bo‘lib vedeoyozuv tugmasini bosib qaytdi. Bu safargisi har ehtimolga qarshi deb o‘yladi u.

-Alisher ishni kattalashtirib yuboribdi, meni qidirish kuchaytirilibdi, markazda bir tanishim bor va unga ikkalamizga pasport tayyorlab berishni iltimos qildim,-dedi Olimjon.-Tezda bu yerlardan ketmasak bo‘lmaydi.

-Ko‘nglim xira, ketmang, mana shu yerda yashayveramiz, bizni topa olmaydilar, siz markazga borib kelaman deyapsiz, ushlab olsalar nima qilaman?-dedi Nilufar g‘amgin ohangda.

-E, jonim, hammasining yo‘li bor, shpion kinolarini ko‘rganmisiz? Xuddi ana o‘shanaqa qilib soqol-mo‘ylov qo‘yib olamiz, qani bo‘ling, sochlaringizni tuzating, o‘ng qulog‘ingizni ko‘rinadigan qilib qo‘ying, rasmga olaman, xorijga boradigan pasport uchun! Bo‘ling, vaqt maraz Alisherning hisobiga ishlamoqda.

Alisherning nomini eshitganda ilonni ko‘rgandek seskanadigan bo‘lib qolgan Nilufar, choyshabga o‘ralib, Xaticha xola tayyorlab qo‘ygan hammomga kirib ketdi. Olimjon video yozuvlarni tekshirib ko‘rdi-da sifatiga ko‘ngli to‘lgach, diplomatga joyladi. Keyin hammomdan chiqib, nozlanib turgan Nilufarga׃

-Agar men tez qaytmasam, mana bu telefonga qo‘ng‘iroq qilib, Orifni so‘raysiz, u mening ukam bo‘ladi,-dedi,-ammo u hozir chet elda va bir hafta, o‘n kunda qaytadi.

-Voy bo‘y, shunchaga ketayapsizmi?

-Yo‘q jonim, bu har ehtimolga…

Nilufar yana o‘z dardiga o‘zi qovrulib, yolg‘izlik qo‘ynida qoldi.

Olimjon Uzun shahriga kelib, uchqich bilan Toshkentga jo‘nadi. Uchqichdan hali odamlar tusha boshlamasdan ikki kishi kelib Olimjonni olib ketishdi.

Ulardan biri׃

-Men davlat maslahatchisi Alimovning qo‘lida ishlayman,-deya bir hujjat ko‘rsatdi.

-Nima sizlar meni kuzatuvga olganmisizlar? Bu uchqichda kelishimni qanday bildingizlar?

-Biz bilamiz, mana bu diplomatda Nilufar bilan qilgan ishlaringiz ham borligini bilamiz,-deya yana hujjatini Olimjonning burnini yoniga olib keldi u.

-Nega bu hujjatga Karimov emas, Haydarov imzo chekkan?-dedi Olimjon o‘zini qo‘qqisdan bu xonaga olib kelganlaridan norozi bo‘lib.-Men Karimovning topshirig‘i bilan maxsus amaliyotda qatnashmoqdaman va sizlarning meni ushlashga haqlaring yo‘q!

-Ukaxon har bir narsaga Karimov-Karimov deyaverish kerak emas. Kamtar bo‘ling. Hamma amaliyotlar Karimovning topshirig‘i bilan bo‘ladi. O‘zicha mustaqil amaliyot o‘tkazadigan odam hali tug‘ilgan emas,-dedi ulardan biri va׃ -Sizga Karimovning imzosi kerakmi, mana deya o‘zining hujjatini ko‘rsatdi. Unda “Karimovning qo‘rima bataloni boshlig‘ining o‘rinbosari G‘ulomov” deb yozilgan edi va hujjatni Karimovning o‘zi imzolagandi. G‘ulomov bunga ham kifoya qilmay qo‘l telefonidan Inoyatovga qo‘ng‘iroq qildi va telefonni Olimjonga uzatdi.

-Aytganlarini bajaring!-dedi Inoyatov.

Olimjon o‘zini qo‘pol tutganidan noqulaylik sezib, kechirim so‘ragan bo‘ldi va bitta kasseta shu qadar katta ahamiyatga ega bo‘lib qoldimi yoki bu ishlarning orqasida men bilmagan boshqa narslar bormi deb o‘ylanib qoldi. Axir mendan kassetani olib, javob berib yuborsalar bo‘lardi-ku? Nega endi Almatovning yoniga men o‘zim ham borishim kerak? Mirshablar bizning nomimizni eshitishsa oyoqlari qaltirab qolar edi. Hamma narsaga biz hukmdor edik. Nega endi birdaniga bu ishlarga Almatov aralashib qoldi. Balki oldindan bu ish unga topshirilganmikan? Axir mana bu odam ilgari bizda rais o‘rinbosari bo‘lgan. Keyin Karimov uni yoniga ishga oldi. U nega birdaniga Almatovning xizmatchisiga aylanib qoldi?

Xayolga botgan Olimjonni bir zumda Almatovning huzuriga olib kelishdi va haligi odamlar bir piyoladan choy ichib, chiqib ketishdi. Olimjon va Almatov vazirning xizmat mashinasida Bo‘stonliq tomondagi dala hovliga borishdi. Almatov Olimjon olib kelgan videoyozuvlarni oxiriga qadar tomosha qila olmadi.

-Ammo, ja zo‘rini topibsanlar, bunday paytda avval menga qarab qo‘ymaysanmi? San bolalarga aytaverib charchadim. Ha-ya, sen menga oid emas, narigi idoraning bolasisan-a?!

U Olimjonga shunday deb yordamchisi Nodirxonni chaqirdi. Nodirxon chiroyli, qaddi qomati kelishgan, unvoni kapitan bo‘lsa ham vazirlikda hech kim uning gapini ikki qila olmaydigan mavqeda edi. Hamma uni Hasan akaning o‘g‘li deb bilardi. Hasan aka ham uni o‘g‘lim deb bilar va Almatovga yordamchi qilib qo‘ygan edi. Nodirxon garchi Hasan akani yaxshi ko‘rsada, uning gapini ikki qilmasada, baribir u o‘zining otasi ekanligiga ishonmasdi. Chunki Hasan aka pakanadan kelgan, Nodirxon esa qomatdor, Hasan aka kulcha yuzlik, Nodirxon bo‘lsa uzun yuz… Buning ustiga Hasan aka biror marta ham unga sen mening o‘g‘lim bo‘lasan deb ochiq aytmagan.

Toshkentda ilk “Mersedes” mashinasini Nodirxon mingan. Hasan aka sovg‘a qilgan. Hech kimda qurol bo‘lmaganda ham Nodirxon tapponchalarni ochiq olib yurgan. Chunki Hasan aka har yili tug‘ilgan kunida unga bitta yangi tapponcha sovg‘a qilardi.

Hasan aka asli namanganlik. U Toshkentda huquq fakultetini bitirgach, u yoq bu yoqlarda ishlab yurdi. Keyin hukumatga ishga o‘tdi va Namanganga borib sud raisi bo‘ldi. O‘sha paytlarda SSSR bo‘yicha dovrug‘i yoyilgan Odilov uni o‘ziga yurist qilib oldi. Bir kun kelib, Odilov qamalib ketganda Hasan aka Moskvada edi va sobiq sho‘rolardagi mafiyaning qozikaloniga aylandi.

SSSR qulab ketgach, u Toshkentga qaytdi. Mafiyaning hamma kazo kazolari unga tobe edilar. U Karimov bilan ham aloqada edi. Karimovning taxtda qolishida Hasan akaning xizmati katta bo‘ldi. U nafaqat muxolifatchilarni “urdirib” boshini yorib, badarg‘a ettirdi, balki dindorlarning uyiga granata tashlatib, birini-biriga soldi. Sal bosh ko‘targan odamni tinchitib berdi. Evaziga u Karimovni ham “ishlatdi”. Birinchi katta ish – Almatovni Karimovga yuzma-yuz qildi va uni vazir etib tayinlatdi. Ikinchi katta ish -Toshkent viloyatiga o‘zining og‘aynisi Sayfulloni hokim qilib qo‘ydirdi. Keyin juda ko‘p odamlarni IIV va MXXga joylashtirdi. Xullas, u Karimov bilan “bor tovog‘im-kel tovog‘im” qoidasida ishlardi. Avvaliga u Karimovning eng yaqin do‘sti Mirsaidov bilan ham yaxshi aloqada edi, ammo keyin Karimovning gapi bilan uni yomon kuylarga soldi.

Xalq nazdida boshqalar mafiyaning “ota”lari bo‘lib ko‘rinsalarda asl boshqaruvchi Hasan aka edi. Uning ismi ham, familiyasi ham, laqabi ham Hasan aka. Hatto Karimov ham uni Hasan aka der edi.

U mustaqillikdan keyin Adliya vazirligining Jamoat tashkilotlarini ro‘yxatga olish boshqarmasida ikkinchi odam bo‘lib ishlardi. Ammo vazirlarni sensirab gapirar va istagan paytida Almatovga yoki boshqa vazirga istagan ishini buyura olardi. Ana shu odam o‘g‘lim deb yaxshi ko‘radigan yigit Almatovning yordamchisi.

Aslida Hasan aka Almatovni Nodirxon orqali nazorat qilib turar va uning har bir harakatini kuzatar edi. Almatov Hasan akaning qahriga uchramaslik uchun Nodirxonni doim yonida olib yurar va hech narsani yashirmayotgandek tutardi o‘zini. Shu bois ishqiy aloqalarini ham Nodirxonga ishongandi.

Mana endi Olimjon olib kelgan kassetani oxirigacha ko‘ra olmagan Almatov Nodirxonga׃

-Yangisidan bormi?-dedi.

Karimovga qurilgan maxsus haram uchun viloyatlardan yosh qizlar olib kelinadi. Bu ish bilan viloyat hokimlarining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari shug‘ullanadilar. Ular turli ko‘rik-konkurslarda chiroyli qizlarni topib, oliygohga kiritish bahonasida haramga yuboradilar. Haramda Karimovning jahlini chiqargan qizlar Almatov ixtiyoriga o‘tardi. Almatov bu ishni Nodirxonga yuklagan va ana shu qizlardan baʼzilarini o‘zi ham “ko‘rib” turardi.

Hukumatning aksar dala hovlilariga ishga olinadigan qizlar haramdan kelgan bo‘lardi. Almatov ularni qayta tarbiyadan o‘tkazib, ishga joylardi. Karimovning dilini topganlari uchun esa IIV tarkibida maxsus xotin-qizlar bataloni tuzilib, ana shu sodiq qizlar doimiy ish bilan taʼminlanardi. Ularning baʼzilari militsiya maktabiga, baʼzilari huquq fakultetiga ham joylab qo‘yilardi. Nodirxon shundaylardan ayrimlarini o‘ziga va Almatovga ajratib olardi.

Nodirxondan “tayyor” ishorasini olgach, Almatov Olimjonga:

-Kutib tur, qolganini keyin gaplashamiz,-deb ichkari xonaga kirib ketdi.

Nodirxon Olimjoning yoniga kelib׃

-Nilufarni sotasanmi?-dedi.

-Uni chetga yubormoqchimiz,-dedi Olimjon ichki bir rashk bilan. Ammo Nodirxonning kimligini bilgani uchun darhol xatosini tuzatdi,-Aka, sotish nima degani u sizniki,-dedi.

-Bo‘lmasa ertaga shu yerga olib kelasan,-dedi Nodirxon.

-U juda uzoqda, Surxondaryoda, afg‘on chegarasida, uni o‘sha tomonga yubormoqchi edik…

-Nima san meni uning qayerdaligini bilmaydi deb o‘ylayapsanmi? San telefonda kimga nima deb keyin Uzunga qachon kelganingni aytib beraymi? Yoki Samarqanddagi no‘xatxo‘rlikdan bir shingil eshitasanmi? Qara bola, bu amaliyotni men boshqarayapman va SNB ham, sen ham menga tobesan hozir!

-Nodirxon aka, faqat yo‘l uzoq, ertaga yetkazib kela olarmikanman, yana bir kun vaqt berasizmi demoqchiydim. Buning ustiga u hali yaxshi qantarilmagan…

-San o‘zing ham qantarilmagan ko‘rinasan, davlat topshirig‘i nima ekanligini bilasanmi, ertaga shu yerda bo‘lsin, tamom- vassalom! O‘zing olib kelasan va mana shu joyda o‘tirib tomosha qilasan, men uni qanday qilib qantarishimni, bildingmi? Chet elga borarmishu men bexabar qolarmishman?

-Bildim, ertaga shu yerda bo‘ladi, aka!

-Aka emas, o‘rtoq nachalnik! Nima sanlarda bu narsalarni o‘rgatishmaydimi?

-O‘rgatishadi o‘rtoq nachalnik!

-Ha, ana shunday bo‘lsin! Bor yo‘lga chiq!

-Vazir kutib tur, degandilar!

-Sen odam bo‘lmaysan, shekilli…

Shu payt Nodirxonning telefoni jiringladi. Telefon qilgan Karimovning yordamchisi ekan. U Karimov vazirni qidirayotganini aytdi.

-Vazir Kattadan qolganini ko‘rayapti,-dedi Nodirxon unga. Yordamchi unday-bunday degan edi Nodirxon׃

-Tushuntira olmasang meni bog‘la, o‘zim tushuntirib qo‘yaman, vazir Kattaning orqasini tozalayapti. Kecha Kattaning to‘shagida yotgan qiz o‘zini osmoqchi bo‘lgan ekan, vazir shuni obrobotka qilyapti. Nima, qolgan gaplarni ham senga aytishim kerakmi?

Nodirxon shunday deya telefonni bekitdi. Olimjon o‘rnidan tura sola egilgancha orqasi bilan yurib, chiqib ketdi.

Almatov kelib Olimjonni so‘ragan edi, Nodirxon׃

-Ertaga keladi,-dedi.

-Yuraging ja kattada seni,-dedi Almatov.- Men azm qilmagan ishlarga ham sen azm qilasan. Nilufar senga ham yoqib qoldi, shekilli. Meni ham ro‘yxatga tirkab qo‘y! Bo‘pti bu hazil. Endi bitta ish bor. Inoyatov bilan gaplash, mana bu kassetani ishga solib, odamlarini pishirsin, vaqt oz qolmoqda!

-Inoyatov eshitdi,-dedi Nodirxon barmog‘i bilan atrofga ishora qilib.- Ey, Inoyatov, eshitganingni bilaman, odamingni yubor, kassetani olib ketsin, meni ovora qilma!

-Hasan akamdan ko‘p narsa o‘rgangansan, hatto Inoyatov akani ham sensirab gapirasan-a?-dedi Almatov Nodirxonni koyigan bo‘lib.

-Kattaning topshirig‘i, u mendan boshqa hammasini sensirab gapirasan degandi, ammo sizni sizlab turibman-ku,-dedi Nodirxon erkalanib.

U haqiqatdan ham juda erka va Karimov ham uning erkaligiga bir narsa demas va otasiga qiladigan iltimoslarini u orqali yetkazardi. Hasan akaning boshqa mamlakatlarda ham aloqasi yaxshi bo‘lgani uchun Karimov undan ko‘p narsa so‘rar edi.

-Kecha Inoyatovning ikkita bolasini ushlab oldim,-dedi Nodirxon Almatovga,- Kattaning haramdagi ishlarini videoga olishibdi. Inoyatovga xabar yubordim. Shu kassetaga avtograf qo‘yib bersa, ishni yopaman, bo‘lmasa Kattaning stoliga qo‘yaman. Inoyatovdan ana shu imzolangan kasseta kelib qolishi kerak. O‘sha kurerlardan bu kassetani berib yuboramiz.

-Sen bizni Inoyatov eshitayapti deding. Hali o‘tgan kun bu yerni tekshirib, “quloq”larni olib tashlashgandi-ku?

-Kecha Inoyatov Kattadan izn olib yana “quloq”larni joylab qo‘yibdi. Lekin u Kattaga nima deganini bilmayman, Kattaning maxsus xizmati ham hamma yoqni eshitayapti. Ammo G‘ulomovga aytib qo‘ydim. Mendan xabarsiz bir ish qilishsa, o‘zim kallalarini sapchadek uchiraman,-dedi Nodirxon.-Agar Inoyatov ham qimirlaydigan bo‘lsa, qo‘limda bir ikki narsa bor, uning o‘g‘li va ukasi bilan bog‘liq, keyin hammasini o‘zimizning koloniyaga ko‘chirib olaman. Menimcha u tushunadigan odam va hamkorlik qilamiz.

Darhaqiqat shu payt Inoyatovning odamlari “posilka” olib kelishganini aytishdi.

-Bir tomosha qilamizmi?-dedi Almatov Nodirxonga.

-Bu sizga hadya,-dedi Nodirxon ustiga Inoyatov imzo chekkan kassetani Almatovga uzatar ekan,-menda nusxasi bor va kecha tomosha qilgandim. Ammo ehtiyot qiling, kerak bo‘ladi.

-Yo‘qolib qolsa, Hasan akadan topamiz,-dedi Almatov jilmayib.

-Boshqa joyda ham bor, ammo bu imzolangani, bir kun boshingizni qutqarishi mumkin.

-Bir kun boshimni yeyishi ham mumkin-da!

-Unga yo‘l qo‘ymaymiz,-dedi Nodirxon erkalik bilan…

Olimjon tashqariga chiqishi bilan IIVning xizmat mashinlaridan biri uni aeroportga olib kelib qo‘ydi. U nima qilishini bilmay qoldi. Xayol surib turgandi unga suykalib o‘tgan bir kishi?

-“31”, “dum”laringni yo‘qotib, bir soatda “6” ga bor,-dedi.

Olimjonning maxfiy nomi “31” edi va “6” Inoyatov bilan favqulodda holatlarda yakkama-yakka uchrashiladigan joy. Demak, masala juda jiddiylashmoqda yoki qandaydir o‘yinlarga tushib qolmoqdaman deb o‘yladi Olimjon.

U kassa yonida turib, chipta olgandek bo‘ldi-da, keyin tashqariga chiqib, xuddi hech narsani bilmagandek troleybusga miniladigan bekatga o‘tdi. U yerdan bekatdagi nomerlarga bir-bir qaragan bo‘lib, aslida atrofni kuzatdi va IIVning yettinchi boshqarmasiga oid mashinalardan uni kuzatishayotganini sezdi.

Bu mashinalarni u darrov tanib oldi. Chunki bir muddat o‘zi shu mashinalarni kuzatgan edi. Odatda bu boshqarmaga ishga olinganlar unchalik pishiq bo‘lmaydi va maxsus tayyorgarlikdan o‘tishmagani uchun darhol o‘zlarini sezdirib qo‘yadilar. Baʼzilari esa muhim odamni kuzatayotganda ataylabdan qo‘lga ham tushadilar. Chunki bu ularning ochiq tizimga o‘tib ishlashlari uchun imkon beradi. Qo‘lga tushgandan keyin ularni bu boshqarmada ishlatishmaydi. Ayni paytda ishdan ham quvishmaydi. Sirlar ochilib ketishidan qo‘rqishadi. Shu bois ochiqda birorta ish berishadi.

Olimjonni kuzatayotganlar ham o‘zlarini juda sezdirib qo‘yayotgan edilar. Lekin Olimjonning ular bilan ishi yo‘q, yo‘lini kutdi. Ammo deputat kelmasdan Oliy Majlisdan bir mashina keldi. U shoferning yoniga borib o‘zini tanishtirdi va:

-Ratsiyangizdan idorangizga mashina buzilganini ayting. Hozir favqulodda muhim davlat ishi chiqib qoldi. Qolaversa, men o‘zim sizni xursand qilaman va bundan keyin biror yumushingiz chiqsa, hal qilib beraman,- dedi.

Shofer darhol uning aytganini bajardi va u Oliy Majlisning mashinasida orqa yo‘ldan chiqib ketdi. Manzil Achavot mahallasining yonida, Chinni zavodining orqasidagi bir hovli edi. U Sag‘bon ko‘chasida tushib qoldi-da, yo‘laklar orqali Xastimomga o‘tdi. Orqada hech kim yo‘qligiga ishonch hosil qilgach, manzilga bordi. Inoyatov hali kelmagan ekan. Ko‘p o‘tmay u o‘zi boshqargan yengli mashinada keldi. Kiyinib olishidan uni bir qarashda tanish mumkin emas edi. U Olimjonni hovliga boshladi va׃

-Uka, bu hayot-mamot masalasidan ham kuchli masala,-dedi.- Bu idoramizning nomi, sharafi masalasi. Bu mamlakatimizning kelajagi masalasi. Oilalarimiz va bolalarimizning kelajagi bu! Bu ish bizga yuklangan. Ammo ana u Almatovni o‘zing bilasan, mafiyadan chiqqan va mafiyaga ishlaydi. Yonidagi tirrancha esa otasining soyasini oltinga pullaydi. U qayerdandir bilib qolibdi. Mana endi ular ham oshga qatiq bo‘lishdi. Buning ustiga bizning obro‘-eʼtiborimizga ziyon yetkazishmoqchi. Bu idorani bilasan, xalqimiz faqat bizga ishonadi, oldindan ham shunday bo‘lgan va hozir ham shunday. Kerak bo‘lsa, ochig‘ini aytish kerak, xalq faqat bizdan qo‘rqadi, ana ularni esa poraxo‘rlar deydi. Ilgari bizda bo‘lib, tepaga chiqib olgan bir ikkitasi ham ularga ishlashmoqda. Hammayoqni sotqinlar bosib ketdi.

Olimjon ilgari ishlab ketganlar deganda G‘ulomov nazarda tutilayapti deb o‘yladi. Ammo oldin bu odam haqida ko‘p yaxshi gaplar eshitgandi. Keyin yomon gaplar tarqaldi.

-Endi bunday,-deya so‘zida davom etdi Inoyatov,-mana bu pasportlar, faqat rasmlarni qo‘yib olasan va bugunning o‘zi Nilufarni olib, Afg‘onga o‘tasizlar. O‘zimiznikilar bilan uchrashib, ishni tezlat. Katta “Ish sust ketmoqda” deb aytdi va balki shuning uchun ham oraga Nodirxon degan tirranchalar kirishiga rozilik bergan. Endi birinchi etapni sensiz ham amalga oshiramiz. Ish pishib qoldi. Senga ham Vatan oldidagi xizmatlaring uchun rahmat. Ammo sen ikkinchisini tayyorla. Ikkinchi amaliyot to‘laligicha sening bo‘yningda. Planni Afg‘onda olasan. Agar kam-ko‘stsiz uddalay olsang, o‘rinbosarlik seniki! Kutaman seni uka! Sen kelgunga qadar Almatovni ham, uning Nodirxonlarini ham quritib qo‘yaman!

Inoyatov shunday deb Olimjonni bag‘riga bosdi. Semiz odam emasmi bu yerga kelgunga qadar terlab ketgan ekan. Ter hidiga toqat qila olmaydigan Olimjonga negadir bu taʼsir qilmadi. U meni birinchi amaliyotdan chetlatishdi deb o‘ylayotgandi. Ikkinchi amaliyot nima? Bormi o‘zi, bo‘ladimi? Balki shu bilan meni surgun qilmoqdami? Balki endi Vatanga qaytish ham nasib etmas? Balki… u o‘z fikridan seskanib ketdi. Chunki balki o‘ldirib yuborishar degan fikr o‘tgandi xayolidan. Lekin bunga borishmas, Xudo urdimi deb o‘yladi.

Uning xayolga botganini ko‘rgan Inoyatov׃

-Aeroportda ana ularni hujjat ko‘rsatishga majburlab zo‘r ish qilding, ma, bittasini arxivinga tashlab qo‘y, hali ularga ko‘rsatamiz buni,-dedi.

Olimjon suratni olar ekan ko‘ngli ravshan tortdi.

-Lekin ularga berilgan kassetaga qo‘l qo‘ymasangiz yaxshiroq edimi?-dedi u Inoyatovning samimiy yoki samimiy emasligini bilish uchun.

-Parvo qilma, u idoradagi muhr-imzo. Ajabmas bizning idoraga ular odam suqishgan bo‘lishsa? Kerak bo‘lganda tekshirib, topib olamiz. Endi mening samimiyatimga ishondingmi?

Inoyatov fikrini uqib olganidan Olimjon qizarib ketdi va bugunoq Boysunga yetib borishi, ertagayoq Afg‘onistonda bo‘lishini aytdi.

-Ko‘p ham shoshma, Faryobda bir ikki hafta dam olib, soqolingni yaxshilab o‘stirib ol va ana u qizni ham, ammo o‘zi ham ja topibsanlar-a, yaxshilab namozga o‘rgat. Qara, u yerlarda har qanaqa masʼhablar, odatlar bor, hammasini unga o‘rgatib qo‘y. Shunday qilki, aytilgan kun, aytilgan soatda xizmatga shay tursin! Qolganlarni ham tekshirib chiq!

Inoyatov tez-tez soatiga qarab qo‘yayotgan edi. Olimjon u shoshayotgan bo‘lsa kerak deb o‘yladi va xayrlashib tashqariga chiqdi. U darvozadan chiqib ketar ekan, bir mashina kelib to‘xtadi va boshiga shapka qo‘ndirgan bir kishi “lip” etib ichkariga kirib ketdi. Olimjon hayratda qoldi. U G‘ulomovni ko‘rgandek bo‘ldi. Nahotki u ? Charchaganman, balki adashdim, deb o‘yladi. Ammo ichki bir his “adashmading” deyayotgandek edi…

Kassetani olib, ko‘paytirgan MXXchilar Qoraboy aka bilan Rustam va Otabekni idoraning markaziy binosiga olib kelishdi.

Dastlab kassetani Rustamga ko‘rsatishdi. Rustamning yuragi qonga to‘ldi.

-Bilasizmi bu yigit kim?-dedi uni tergov qilgan Yo‘lbarsbek.

-…

-Bu juda ham muhim odam va biz unga qarshi hech narsa qila olmaymiz. To‘g‘risi qo‘limizdan hech narsa kelmaydi…

Rustamni Turkmanistonda qo‘lga tushgan Baxtiyor ismli yigit bilan bir kameraga qo‘yishgan edi. Baxtiyor ancha vaqtdan beri Karimovni yo‘qotish uchun harakat borayotgani va hukumat ichida ham buni istaganlar ko‘pligini aytdi unga. Baxtiyor har kuni uch-to‘rt soatga qayergadir borib kelar va turli maʼlumotlar bilan qaytar edi. Baxtiyor Olimjon degan yigit Kattaning o‘gay o‘g‘li deb aytdi va Rustamni ishontirdi.

Bir kuni׃

-Agar istasangiz bizga qo‘shiling, “Karimov hukumatini ag‘darayapmiz”,-dedi u Rustamga.

Rustam uchun hayotning qizig‘i qolmagan edi. Lekin Karimov hukumatini ag‘daramiz degan gap unga jon ato qilgandek bo‘ldi. U birdaniga butun azoblarining malhamini topgandek his qildi o‘zini. Go‘yo qidirib yurgani – aybdorni topdi va qasos hissida yona boshladi. U shu damda arslonga aylangan va har narsaga qodir edi. U azob chekayotgan faqat o‘zi emasligi, butun xalq azobda ekanligini his qilib, qasos olishga bel bog‘ladi va Baxtiyordan o‘zini ham o‘sha guruhga qo‘shib olishlarini so‘radi. Baxtiyor kimlar bilandir gaplashib ko‘rishini aytdi va keyin Rustamga bu haqda bildirganda u kamerada “Allohu Akbar!” deya baqirib yubordi.

Bu sadoni eshitib turgan Inoyatov xorijda yashaydigan Olmosliga׃

-Bu yog‘i endi sizga bog‘liq, osh suzilganda uni yeydiganlar aniq bo‘lishi kerak- dedi.

Olmosli jilmaygancha qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib chiqib ketdi.

O‘NINCHI BOB

Yangi yil bayramidan bir kun oldin Mirtemirga Amerikada uzoq yillardan beri yashayotgan Ro‘zi telefon qildi. Mirtemir muxolifatning ko‘zga ko‘ringan liderlaridan biri edi. U Amerikaga hali yaqinda kelgani uchun Ro‘zini uncha yaxshi bilmasdi. Ammo hamma Ro‘zi haqida gapirardi. Hech kim uning nomini aytmas, hamma uni Ro‘zi der edi.

Kimdir uni har qanday ishni uddasidan chiqa oladi, desa, yana kimdir u Gitlerning sodiq odami bo‘lgan, keyin amerikaliklarga sotilgan derdi. U har qanday odamga har qanday to‘hmatni qilishdan qaytmaydi, juda ko‘p odamni qon qaqshatgan deyishardi. Mirtemir uzoq yillardan beri muxolifatda. Turkiyada ekanligida O‘zbekiston gazetalaridan birida Ro‘zi haqida tanqidiy maqola chiqdi. Shunda radiodan telefon qilib, Mirtemirdan mazkur maqolaga fikr so‘rashdi. U bunday maqolalar qanday tayyorlanishi haqida gapirib berdi. Ko‘p o‘tmay Ro‘zidan minnatdorchilik maktubi oldi. Orqasidan esa Ro‘zining Karimovga qarshi ish qilmagani haqida yozgan ochiq xatini o‘qidi.

Shu bois u Ro‘zidan uzoq turishga harakat qildi. Ammo Amerikaga kelgan kuniyoq ostonasida Ro‘zi paydo bo‘ldi. Olis bir mamlakatda eshikdan kirib kelgan vatandoshga kim ham quchoq ochmaydi. Ro‘zining bilmagan narsasi yo‘q ekan. To‘g‘rirog‘i o‘zini hamma narsani bilgandek qilib ko‘rsatar ekan. Stalindan gap ochilsa, u bilan qaysi yili qayerda va qaysi soatda uchrashganini aytsa, Nerudan gap boshlansa, unga qanday maslahat berganini hikoya qilardi. Dunyodagi hamma liderlar bilan uchrashgan, hamma voqealarning ichida bo‘lgan va hatto boshqarib turgan qilib ko‘rsatardi o‘zini.

Oddiy odam uning soatma-soat, daqiqama-daqiqa qilib aytib bergan gaplariga shubha qila olmas edi. Uning xotirasiga qoyil qolmasdan iloj yo‘q. Xuddi kompyuter kabi hamma xabarlar va nomlarni o‘z xotirasida saqlar va joyida qo‘llana olardi. Ammo Mirtemir uning “mag‘zi”ni tezda chaqdi. Bir kuni unga mamlakatdan bir do‘stidan olgan xabarni aytdi. Bu xabarni faqat u va do‘sti bilardi, xolos. Oradan uch kun o‘tib, Ro‘zi unga telefon qilib, “Hozirgina bir muhim xabar” oldim deya o‘sha Mirtemirdan eshitgan gapni uning o‘ziga aytib berdi.

Mirtemir do‘stiga xat yozib bu xabarni kimgadir aytib-aytmaganini so‘radi. Xabar hali tarqalmaganiga ishonch hozil qilgach,

-Ro‘zidanmi?-dedi.

-E, sizga ham aytdilarmi?-dedi haligi odam.

Shundan keyin u Ro‘zini kuzatsa, mana shu yo‘l bilan o‘zini ahamiyatli shaxs deb tanitar va hammaning diqqat markazida bo‘lar ekan. Pensiyada bo‘lgani uchun vaqti ko‘p. Turli gazetalarni o‘qiydi. Radiolarni eshitadi va o‘zi to‘plagan maʼlumotlar asosida o‘zi ham turli xabarlarni to‘qiydi.. Amerikada yashayotgan vatandoshlar ishxona va uyning yo‘lidan boshqa narsani bilmaganlari uchun uning og‘ziga qarab o‘tirar ekanlar.

U tinmay boshqalarni yomonlar ham ekan. “Falonchiga men boshpana olib berdim, ablah, salom bermay ketdi”, “Pismadonchini ishga joylab qo‘ydim, iflos xabar ham olmay qo‘ydi” kabi gaplarni yangi kelgan vatandoshlarga bot-bot aytarkan. Ular Amerikani yaxshi bilmaganlari uchun unga g‘irt ishonib, bir necha oy uning atrofidan ayrilmay qolisharkan. Chunki Vatanda birov oraga kirmasa, ishga o‘tib bo‘lmasligini ular yaxshi biladilar va “tajriba”dan kelib chiqib, bunday “ahamiyatli” odamning etagini mahkam tutishga intiladilar. Amerikada esa jiddiy bir ishga, ayniqsa, hukumat ishiga o‘tayotganda, birov oraga tushsa, ostonadan qaytib ketasiz. Bu yerda til bilishingiz, imtihondan o‘tishingiz kerak. Bo‘lmasa “ro‘zi”lar tugul mollarning ham foydasi tegmaydi.

Ro‘zi tinmay Boymirza otani yomonlar edi. Bu Mirtemirga yoqmadi. Chunki Mirtemir Boymirza ota bilan ustoz-shogird tutingan, uni ulug‘ inson deb hisoblar va uning sakson yoshlik to‘yini o‘zi bosh bo‘lib o‘tkazgandi.

Mirtemir Ro‘zini qancha sovuq qarshi olsa, u shuncha tez-tez keladigan bo‘ldi. Oxiri bir kun u “Mirtemirni ham men ishga joylab qo‘ydim” degan gapini eshitib qoldi va Ro‘ziga “Shunaqa gaplar aytishga uyalmaysizmi?” dedi. Shu bilan oralari sovuqlashdi.

Ammo yangi yilga bir kun qolganda Ro‘zi Mirtemirga telefon qildi va:

-Turkiyadan Olmosli kelgan, juda muhim xabar bor, men Rahim va ukasi Abduvahobni ham chaqirdim, bir kelib keting,-dedi.

Mirtemir Olmoslini yaxshi tanirdi. U hukumat ishlarida ishlagan va keyin tijoratga o‘tgan, juda badavlat odam. Turkiyada va keyin Avropada yashagan muxolifatchlarni bir necha yil pul bilan taʼminlab, kata-katta mablag‘larni sochib yurgan. Mirtemirga yomonligi ham, yaxshiligi ham tegmagan. Mirtemir uning oilasini yaxshi bilardi. Onasi va singlisi bilan gaplashgan, ular Vatan hasratida yongan ajoyib insonlar ekanligini ko‘rgan edi.

Olmosli Vatanga ishbilarmon sifatida borgan va tezda yuqori tabaqalarga yo‘l topa oldi. O‘zi Karimovning maslahatchisi va ukasi Karimovning xorijiy banklardagi ishonchli vakiliga aylandi. Birdan ularning oralari buzilgani haqida gap-so‘zlar tarqaldi va Olmosli xorijga chiqib yashayotgan muxolifat liderining yonidan ayrilmay qoldi. Uni bugun umraga olib borsa, bir oydan keyin Amerikaga boshlab borardi. Bugun Turkiya prezidenti bilan uchrashtirsa, bir oydan keyin Avropa bo‘ylab sayohatga olib chiqardi.

U Turkiya rahbarlarining erkatoyi edi. U haqda juda ko‘p maqolalar yozilgan va uning juda sirli odam ekanligi aytilardi. Uning o‘zi ham maqolalar yozar va dunyoning o‘ta dolzarb muammolari haqida keskin fikrlar bildirardi. Uning maqolalari Mirtemirga yoqar, uchrashganlarida ko‘pincha ana shu masalalar atrofida gaplashishar va Olmosli chuqur mushohada yuritguvchi yaxshi suhbatdosh edi. Shu bois Mirtemir u bilan uchrashuvni rad etmadi.

Mirtemir kelganda Ro‘zining uyida Olmosli bilan turkiyalik bir xonim ham bor edi. Uni jurnalist deb tanishtirishdi. Ammo jurnalistga emas, sportchiga o‘xshab ketardi. Mirtemir undan shubha qildi va uning oldida gapirmaslikka urindi.

Gap Karimov haqida edi. Rahim Karimovni, uning siyosatini yomonlar ekan, ukasi aksini gapirardi. Oxiri Rahim chiday olmadi va o‘rnidan turib, ukasini mushtlay ketdi. Ro‘zi va boshqalar bir chetga o‘tib, tomosha qila boshladilar. Mirtemir ularni arang ajratib qo‘ydi. Shundan keyin Ro‘zi oshni damlar ekan, Olmosli Mirtemirni bir chetga olib׃

-Fevral oyining o‘rtasida Vatanga qaytamiz, hammamiz bir uchqichda qaytamiz,-dedi.

-Tinchlikmi?-deya qiziqdi Mirtemir.

-Karimov bitdi. Xolisni uning o‘rniga qo‘yamiz, sizlar ham unga qo‘shilib, uni qo‘llashlaringiz kerak!

-Birinchidan, Karimovni ketgani yoki ketishiga ishonmayman,-dedi Mirtemir.- Ishongan taqdirimda ham Xolisga ishonmayman. Karimov bilan uning farqi yo‘q.

-Shu gapni o‘ziga ham aytgan ekansiz, unga shu gapingiz juda qattiq botgan, nega farqi yo‘q?-deya eʼtiroz bildirdi Olmosli.-Bugun Karimovdan qutulish uchun lozim bo‘lsa, hatto shayton bilan ham birlashish kerak.

-Shaytonga qarshi shayton bilan birlashish shaytonlikni qabul qilishdir,-dedi Mirtemir kinoya bilan,- Uning ismi Xolis ammo o‘zi xolis emas. Karimovning eng katta xatosi, tanqidni ko‘tara olmasligi va tanqid uchun odamlarni quvg‘inga olishidir. Xuddi shu narsa Xolisda ham bor. Tanqid qilgan odamni ig‘vogar deb eʼlon qiladi, unga to‘hmatlar uyushtiradi, ustidan bo‘htonnomalar yozdiradi va hokazo. Buning uchun siz bergan pullarni sarflaydi, tabiiyki. Hatto uni tanqid qilgan odamni o‘ldirtib yuborish uchun ham harakat qiladi. Bundan xabaringiz bor.

Karimovning ikkinchi xatosi, o‘z atrofiga axmoq bo‘lsa ham, o‘g‘ri muttaham bo‘lsa ham faqat o‘zini maqtagan, sodiq bo‘lib ko‘ringan odamlarni to‘playdi. Oxirida ularning sadoqatini ham oyoq osti qiladi. Ayni narsa Xolisda ham bor. Uni maqtasangiz buni sadoqat deb biladi. Atrofiga faqat ana shundaylarni yiqqan. Karimovga o‘xshab u ham mahalliychi. Yonidagi tozilari yo ukasi, yo jiyani yoki hamyurti. Qolgan bitta ikkitasi esa adashganlar.

Karimovning uchinchi xatosi, o‘zidan boshqa hammani “hech kim” deb biladi. Ayni narsa Xolisda ham bor. Xullas, Karimovda qanday illat bo‘lsa, hammasi Xolisda ham bor. Har ikkalasi ham o‘z tinchligi, o‘z manfaati uchun minglab odamlarni yo‘qotib yuborishga tayyor shaxslar. Buni uzoqda turib bilmaysiz, ammo yaqinida bo‘lsangiz, darhol anglaysiz. Bugungacha kim Xolisga yaqin kelgan bo‘lsa, hammasi tashlab ketdi. Nega? Chunki u ham ashaddiy diktator. Agar Karimovni o‘rniga kelib qolsa, hammani qon qustiradi. Karimovga o‘xshab bugun dinchi, ertaga ateist, indinga millatchi…

Bu gaplar Olmosliga uncha yoqmadi. Lekin Mirtemirga qarshi gapirishni istamadi va:

-Iqtisodni ham bilmaydi. Bugunga qadar ikki million dolllar pulning boshiga yetdi. Eng zo‘r joylarda yashatdim, qo‘lini isiq suvdan sovuq suvga urdirmadim, dunyoni kezdirdim, uy joy qilib berdim, xullas, bor-butimni sarfladim, endi uni mansabga qo‘yishim va u mendan qarzlarini uzishi kerak,-dedi.

Gapni indallosini aytganda, Olmosli haqiqatdan ham ko‘p pul sarfladi, Faqat Xolisning o‘ziga emas. Balki Karimovni ag‘darish maqsadida Turkiyaga olib kelingan yoshlarning ham hamma xarajatlarini u to‘ladi. Muxolifatning ro‘znomasi uchun ham u pul berdi.

-Ha, gazeta chiqarish uchun siz pul berganingiz va gazetani jo‘natishni singlingiz bo‘yniga olganidan xabarim bor. Singlingiz juda ham vatanparvar. Erkaklar ko‘tara olmagan gazeta to‘plarini o‘zi orqalab, uchqichga olib chiqqanini ko‘rganman. Lekin Xolis faqat sizga emas, juda ko‘p odamga vaʼda bergan. Mamlakatni deyarli bo‘lib bergan. Mana shunday vaʼdalari evaziga qarz olib, umrguzaronlik qilmoqda. Bunday odamni mamlakat boshiga yaqin yo‘latish millatga xoinlik qilish emasmi?

Mirtemirning bunday keskin gapidan keyin bir zum aytgan gapidan uyalgandek bo‘ldimi yoki yuragida boshqa gap bormi, Olmoslining ko‘zida yosh aylanib ketdi va u ham Mirtemirga peshvozan suhbatni ayni maromda davom ettirdi.

-Shu yerda o‘tirbmanu ammo baribir u yana bir xato qilib qo‘ymasin deya ko‘nglim notinch. Bilmasdan bir narsa deb yuborsa, hamma rejalar izdan chiqib ketadi. Bu planimizni ham ana u dindorlar bilan o‘rtoqlashib qo‘yibdi…

-Qanaqa plan? Qanaqa dindorlar?

Mirtemir birdan hushyor tortdi. Olmosli bilan birga kelgan ayol tag‘in maxsus xizmatlardan bo‘lmasin? Tag‘in bu yana bir o‘yin bo‘lib chiqmasin?

U rostdan ham bir plan bormi-yo‘qligini va bundan Xolisni xabari bo‘lib-bo‘lmaganini aniqlash uchun Olmosliga׃

-Biz bilan gaplashayapsiz, lekin bunga Xolis qanday qaraydi? Uning boshqalar bilan hamkorlik qilishiga aslo ishonmayman. Qo‘ying, bu mavzuni umuman yopaylik va oshni yeb tarqflaylik,-dedi.

-Oshdan keyin Nyu Yorkka boramiz, Akbarxon aka bilan ham gaplashamiz,-dedi Olmosli.

-Men borolmayman, ertaga Yangi yil va oilam bilan birga bo‘lishni istayman.

-Oilangizni olib yuring, tayyorgarlik yaxshi va hammaga yetadigan joy ham bor. Agar kerak bo‘lsa, u kishining uyiga yaqin mehmonxonadan joy ham oldirib qo‘yganmiz.

-Lekin men baribir Xolisni sizning rejangiz bo‘yicha yurishiga ishonmayman,- dedi Mirtemir garchi reja nimaligini bilmasa ham.

Shunda Olmosli Ro‘zining telefonini oldida Olmoniyaga telefon qildi׃

-Bu yerda butun muxolifat birlashdi va Toshkentga borishga tayyor,-dedi.

Olmosli Xolisning ovozini eshitiladigan qilib qo‘ygan edi.

-Men Karimovni bitirdim, mamlakatni qo‘lga kiritdim, yoningizdagilarning menga keragi yo‘q. Ular faqat indamay o‘tirsalar, bas. Qolgan gapni kelganingizda gaplashamiz!-dedi Xolis.

Xolisning bu gapi Olmoslini shoshirib qo‘ydi va rangi oqarib ketdi. Ammo noqulay vaziyatlardan chiqishga usta odam:

-Bu axmoq bilan bir ish qilish qiyin. Narigisi ham axmoq. Shu tashabbusni siz qo‘lingizga olishingiz kerak,-dedi Mirtemirga.

-General bo‘lishni orzu qilmagan askar askar emas deyishadi. Demak, men ham askar emasman. Men birinchidan, hech qachon kimgadir tobe bo‘lishni istamayman. Juda ham erkin odamman. Ikkinchidan, kimnidir o‘zimga tobe qilishni istamayman, chunki hammaning ham erkin bo‘lishini istayman,-deb javob qildi Mirtemir.

-Bu ahvolda mukammal odamni topa olmaymiz va yana Xolis masalasiga qaytamiz,-dedi Olmosli bir zumda adashib qolgan otni yo‘lga solgan chavandozdek mamnun qiyofda.

-Ha, siz bir narsani eng mukammal deya ko‘rsating men sizning xatoingizni ko‘rsataman. Siz bir odamni xatosiz deb ayting, men sizning xatoingizni aytaman. Siz mening xatoimni ayting, men sizning kimligingizni aytaman. Dunyo mana shunaqa. Lekin men odamni yaratgan Tangrining o‘zi uning jonini olishi kerak degan qatʼiy ishonchdaman. Karimov men bu dunyoda kechira olmaydigan yakka shaxs. Lekin uning ham o‘limini istamayman. U ham yashasin va qilmishlari uchun mana shu dunyoda javob topsin.

-Bizga qo‘shilmaysizmi?-deya so‘radi Olmosli.

-Yo‘q, bunday harakatlarning oxiri yomon bo‘ladi, Xolis ilgari ham shunaqa xom-xatala ishlarga bosh qo‘shib, ko‘p odamni xonavayron qilgandi, agar yana bir narsa o‘ylayotgan bo‘lsa, uni to‘xtatish kerak. Chunki bu yo‘l bilan biz faqat diktatura mustahkam bo‘lishiga yordam qilayapmiz. Bu ketishda oxiri Vatanda bir kishi ham ko‘chaga chiqa olmaydigan bo‘lib qoladi yoki diktatorga hamma odamni qirib tashlashi uchun sharoit qilib bergan bo‘lamiz. Buning ustiga unutmang, qilich bilan kelgan, qilich bilan ketadi,-dedi Mirtemir.

-E, yo‘q, nimalar deyapsiz, bir gap bo‘lsa mana men bilgan bo‘lardim. Faqat hammamiz birgalashib Vatanga qaytib boraylik, bitta uchqichda boraylik, xalq bizni kutib oladi va bu harakat inqilobga aylanib ketishi mumkin, degan plan bor edi, qo‘shilmasangiz biz sizni majbur qila olmaymiz,-deya Olmosli ichkariga, boshqalar o‘tirgan xonaga qarab yurdi.

Ichkarida Olmosli gapni uzoqdan boshlab, yana birgalikda Vatanga qaytish kerak degan gapni aytgandi, Mirtemir so‘hbatga qo‘shilmadi…

Shu bilan ular xayrlashdilar.

Amerikada bu suhbat bitib yangi yil kirib kelar ekan, Vatanda ham yangi yil bayrami boshlanib ketgan edi.

1998 yilning oxiri, 1999 yilning yil boshi.

Almatov bayram tabriklarini qabul qilar ekan, qo‘lidagi qadahni ko‘tarishga qo‘rqib turgandi. Chunki hali Karimov so‘rab qolishi yoki chaqirishi mumkin-da. Bugun u qabulxonaga telefon qilib, Karimovni tabriklash niyatini aytgandi, kotib bir zum o‘tmasdan qayta qo‘ng‘iroq qilib׃

-O‘zlari sizni chaqirar ekanlar,-dedi.

Shundan keyin yuragiga g‘ul-g‘ula tushdi. Nima gap ekan? Nega qabul qiladilar? Har doim bayram arafasida xayollariga kelmagan hadya olib borishimni bilar edilar-ku? Yoki birortasi biror narsa deb qo‘ydimi?

Almatov hatto xayolida ham Karimovni senlashga qo‘rqardi. Unga shunchalik jon oldirib qo‘ygan-ki,  xayolimdan o‘tganini ham bilib qolishi mumkin deb o‘ylar edi.

Mana bir necha soatki savollar Almatovga tinchlik bermasdi. Dunyo qiziq ekan. Ko‘pchilik uni juda qudratli, mamlakatni boshqarib turgan odam deydi. Baʼzilar hatto Karimovning jilovi ham uning qo‘lida degan xayolga boradi. U esa yangi yil bayrami kirib kelayotganiga qaramay qo‘lidagi qadahni ko‘tara olmaydi. Yegan ovqati ham tomog‘idan o‘tmaydi. Bir oddiy qul ham bayramda erkin bo‘ladi, ammo u erkin emas. Qanchadan-qancha odamlar kelib, unga hadya berib, shirin-shirin gaplar aytib ketdilar. Na bir hadya ko‘ziga ko‘rindi va na bir shirin gap qulog‘iga kirdi. Xayolida ham, dilida ham, qulog‘ida ham faqat “Nima gap ekan?” degan savol xuddi buldozerdek gurillab aylangani aylangan.

U har soniyada devordagi soatga qaraydi. Bir daqiqa u yoqda tursin, bir soniya ham juda uzoq vaqt. Turib-turib, keyin soatga qarasa, endi yarim daqiqa o‘tgan bo‘ladi. Soatning “tiq-tiq” etgani esa xuddi boshida birov yong‘oq chaqqanidek butun vujudini qoplab olgandi. Ana shu zayl vaqt imillay-imillay yangi yil kirishiga 25 daqiqa qolganda kotib telefon qildi va 20 daqiqadan keyin borishi kerakligini aytdi. U apal-tapal yo‘lga chiqdi.

Almatov o‘tiradigan binodan Devonga yer osti yo‘li bor edi. Bu tunneldan bitta yengli mashina yura oladi. Ammo tunnel Karimov yashaydigan 3 qavatli uyning tagiga borganda bekiladi. Chunki narigi tomonini faqat Karimovning o‘zi kabinet va uy orasi yo‘lagi sifatida qo‘llanadi. Shu bois favqulodda holatlarda Almatov o‘sha nuqtaga qadar borar va u yerdan tashqariaga chiqib, devon hovlisi orqali ichkariga o‘tardi. U tunneldagina qo‘llaniladigan mashinani qoldirib, yuqoriga chiqdi va Karimovning qabulxonasiga qarab yugurar ekan, xursand edi. Chunki ko‘nglidan Karimov yangi yilni men bilan kutib olar ekan, degan fikr o‘tdi. U Devon yoniga kelganda, to‘satdan bir daraxtning ortidan Karimov chiqib qoldi. U anqayib qoldi. Boshqa birov ko‘ziga Karimov bo‘lib ko‘rindimi yoki bu rostdan ham Karimovning o‘zimi? Qo‘rimalari qani? Bu soatda bu yerda nima qiladi?

-Anqayma, shundan vafodor ekaningni va aytganimdan oldin kelishingni bilardim. Yur, biroz Devon hovlisida aylanib gaplashamiz,-dedi Karimov unga. Shundagina Almatov o‘ziga keldi va qarshisida haqiqatdan ham Karimov turganiga ishondi.

-Yangi yilingiz bilan tabriklamoqchi edim,-deb Almatov Karimovni quchoqlamoqchi bo‘ldi. Karimov gavdasini boshqa tomonga burdi.

-Qanaqa yangi yil?-dedi,- qani, ana u amaliyotni qanday o‘tkazamiz, ana o‘sha kun biz uchun yangi yil bo‘ladi va o‘shanda birgalikda ichamiz. O‘sha kun formangni kiyib kelasan. Amaliyot yaxshi o‘tsa, yangi yilni qutlaymiz, yelkangga yana bitta yulduz taqib qo‘yaman. Bo‘lmasa, formani yechasan!

Almatovning hadyasi ham qo‘lida qoldi.

-Qo‘lingdagini mana bu daraxtning ostiga qo‘y,-dedi Karimov.

-Bu juda qimmatbahoo…

-Agar amaliyotni pishitmasang bu narsalar bir tiyinga qimmat bo‘lib qoladi, amaliyot yaxshi o‘tsa, demak seni eng katta hadyang o‘sha bo‘ladi. Unutma, ilgari poshsholar bir o‘q bilan ikki hayvonni urganlar. Biz beshtasini birdan urayapmiz. Bu oson bo‘lmaydi. Dindorlar masalasida bugungacha bizga ishonmagan dunyoni ishontirishimiz kerak. Saylovning masallig‘ini tayyorlab qo‘yishimiz lozim. Bu senga ham keyingi saylovgacha qolish garantiyasini beradi. Muxolifatni butunlay bitirishimiz shart. Xalqni ko‘zini qo‘rqitib turish lozim. Nihoyat, kuchimiz borligini, har qanday sharoitda iqtidorni qo‘lda tuta olishimizni boshqalar ham bilib qo‘ysin. Bilasan, dunyoning qulog‘i bor va hamma gapni eshitishadi. Shuning uchun tashqarida gaplashaylik degandim. Hamma bayram bilan ovora. Osmondan turib yozib oladiganlarning ham xayoliga bular shu paytda ishni gaplashadi, degan gap kelmaydi. Yaxshilab eshitib ol. Amaliyotda kim qatnashasa ham vaqtini bilmasligi kerak. MXXdan ikki kishi biladi va ularga 15 fevral deb aytdim. Ammo amaliyotni bir kun keyinga mo‘ljalla. Men hukumat majlisini ham 15 ga aytganman va bir kun qolganda 16 ga ko‘chiramiz. Demak, 45 kun qoldi va bu haqda boshqa gaplashmaymiz. Kamida 5 joyda shampanskiy ochasan. Hukumatdagilarga yaxshiroq qilib quy. Keyin bankdagilarga ham bir shisha ber. O‘zingni odamlaring ham quruq qolmasin. MXX yaqinida ham bittasini och! Importniysidan bo‘lsin. Kimning mahsuloti bo‘lishini ham o‘ylab qo‘y. Shishalaar birin-ketin ochilsin! Hoziroq borib hamma narsani tekshirib chiq…

-Ijrochilarning baʼzilari MXX da…

-Shuni ham menga aytasanmi? Nodirxonga ayt, hammasini bitta bochkaga soladi!

Shu payt olisdan soatning bong urgani eshitildi, odamlarning qiyqiriqlari keldi va qayerdandir osmonga mushaklar otildi.

-Yangi yilingiz bilan tabriklayman,-dedi Karimov,- bunisi emas, keyingisi bilan! Darvoqe, ana u Olmosli ishni bitira olmagan ko‘rinadi, hammasini o‘ray olmabdi. Xunasa! Aslida  hammang bo‘sh ishladinglar. Bular dunyoga tarqalib ketishdi va kuchlanishdi. Mana endi hammasini bira to‘la shu ishga bog‘lashimiz kerakki, ularga sichqonning ini ming tanga bo‘lsin! Ko‘p ham o‘zingni tortma, Nodir ham qovun tushirmasin, Hamidxonni nazorat qil, tullakka o‘xshaydi. Bu ish bitmasa, u ham bitadi!

-Allaqachon bitirganmiz. Hamma narsani olib kelib qo‘yganman. Ertaga desangiz ertaga ham hozirman. Qamoqdagilar ham pishgan. O‘z ixtiyorlari bilan qiladilar bu ishni. Pirmatcha balo! Fidoyi qilib qo‘ydi hammasini! O‘zi boshlaydi, besh joyni aytganingizdek kulini gullatishadi, Hatto baland ovozda “Allohu Akbar!” deydigan qorisni ham tanlab qo‘yibman. Faqat o‘zimizniklardan bir-ikki kishiga zarar yetib qolmasin! degan xavotirdaman.

-Xavotirga o‘rin yo‘q. Tinchlik uchun har doim 200-300 kishidan voz kechiladi. Bilasan, bu gapni ochiq aytganman. Yana aytishim mumkin. Ana u qorni kattalardan ham besh oltitasi ketsa, go‘rga!

-200-300 ko‘pmasmikan?

-Yo‘q! Qancha bo‘lsa ham foyda bersa, bas! Hech kim bilmasligi kerak. Sir qilich, qinidan chiqsa, kallani kesadi!

Karimov shunday deb ortga qaytdi va daraxt ostidagi hadyani olib, bino ichiga kirib ketdi. Shundagina Almatov eshik yonida bir yigit kutib turganini va Karimov hadyani uning qo‘liga tutqazganini ko‘rdi. Favqulodda holatlar uchun qilingan bu eshikdan devonning hojatxonasiga kirish mumkin. Demak, qolgan qo‘riqchilar ichkarida kutishmoqda va yangi yil oqshomi Karimovning qorni og‘rib qoldi, deb o‘ylashsa kerak.

“Ha, otam, pishiqsiz!” deb qo‘ydi xayolan Almatov.

U o‘zini qushday his qildi. Demak, Karimov faqat unga ishonadi. Hatto MXXga ham aniq kunni aytmabdi. Agar hadyani olmaganda ko‘ngli xira tortaradi, lekin hadyani ham oldi. Faqat nega uni daraxtning ostiga tashlatdi va keyin qaytishda oldi? Balki ichida yozib oladigan bir narsa bormikan deb o‘yladimi? Nahotki?! Birdan ko‘nglidagi ravshanlik o‘rnini zulmat qopladi. “U tullak, hatto o‘ziga ham ishonmaydi” deb o‘yladi va ana shunday deb o‘ylaganidan qo‘rqib ketib, atrofga qaradi. Shu payt badani junjikdi. Shundagina bu yerga qadar yupun kelganini angladi. Darvoqe, Karimov ham juda yupun kiyimda edi. Balki havo sovuq emasdur? U qo‘lini-qo‘liga ishqamoqchi bo‘lgandi, barmoqlari qotib qolganini va havo juda sovuq ekanligini his etdi, yana yugurgancha ishxonasi tomonga ketdi.

O‘N BIRINCHI BOB

Birdan Karimovning ko‘zi tinib, boshi aylanib ketdi. Keyingi kunlarda u o‘zini holsiz sezar va do‘xtiri bergan kuchlantiruvchi dorilaridan ham naf sezmayotgan edi. Avvaliga ichkilikdan deb o‘yladi va bir ikki kun ichmay qo‘ydi. Ammo majolsizlik tinmadi. Keyin nashaning taʼsiri deb o‘yladi. Uni ham kamaytirib ko‘rdi. Bo‘lmadi. Balki ko‘p ishlayapman, deya bir necha kun ishga chiqmay, dala hovlida qoldi.

Birdan yodiga Stalinning do‘xtirlardan shubaha qilgani tushdi. Balki bu gapda jon bordir? Agar bir gap bo‘lmasa, nega bu qadar holsizman? Nega do‘xtirlarim sababini topa olmayaptilar? Yoki bilsalar ham mendan yashirmoqdalarmi?

Mana endi yana boshi aylanib, ko‘zi tinib ketdi. Xayriyatki, bu hol xalqning ko‘z oldida yuz bermadi. Ammo mana bular sezib qolishdi. Hatto Almatov bilan Inoyatov ikki tomondan kelib qo‘ltig‘imga kirishdi. Balki bularning do‘xtirlar bilan tili bir bo‘lsa-chi?

Karimov holsizlanib yotar ekan, Almatovni chaqirtirdi.

-Hov bola, sandan boshqaga ishonmayman, buni bilasan! Do‘xtirlar bilan gaplash, ular mendan nimanidir yashirmoqdalar. Agar rostdan ham shunday bo‘lsa, onalarini ko‘rsat!

Almatov Karimovning oqarib qolgan yuziga qarab “xo‘p” ishorasini qildi-da tashqariga chiqar ekan, Karimov o‘zining asl yordamchisiga:

-Bor, o‘zing yonida tur,-dedi.

Ular do‘xtirlarni to‘pladilar. Karimovning kasallik varaqalarini keltirishdi.

-Ikki marta hemaroydan amaliyot qildik,-dedi Gayran,- o‘zim qildim va mana ikki yildirki hech qanday muammo yo‘q. O‘tgan yil o‘zim endoskopiya va kolonoskopiya qilgandim. Ichak yo‘llarini tozalagandim. Yaqinda yana bir marta takrorlamoqchi edim, ammo ochlik qilish jarayoniga dosh bera olmadilar. Tennis o‘ynab turganlarida ahvollari ancha yaxshi edi, lekin tennisni tashlab yubordilar, gapimizga quloq solmadilar…,-dedi Gayran.

-Qon analizlari qanday?-deya so‘radi Almatov. Do‘xtirlar qog‘ozlarga qarar ekanlar Haydarov javob qildi

-Xolesterin miqdori baland chiqmoqda. Ammo Angliyadan yangi dori olib keltirdik va uning foydasi bo‘lmoqda…

-Lekin bu dori xolesterenni kamaytirgani bilan jigarga zarari bor,-dedi Gayran.

-Jigarlarini tekshirdinglarmi?-deb so‘radi Almatov.

-Tekshirdik. Serroz belgilari ko‘rinmoqda. Ammo unchalik xavfli emas…

-Siz bilasizmi, bu odam butun bir mamlakatning boshi, butun xalqning umidi shu odamda, bugunimiz ham, kelajagimiz ham shu odam bilan bog‘liq, siz bo‘lsangiz qandaydir shubhalar haqida gapirib o‘tiribsiz,-dedi Almatov o‘ta jiddiylik bilan.

-Boshqa mamlakatlarda har qanday shubha bemorga ochiq aytiladi va u bilan bir qarorga kelinadi. Bizda esa shubhani tilga keltirishga qo‘rqamiz,-dedi Gayran.

-Siz ham muxolifatchi ekansiz-ku?-deya kesatdi Almatov.

Almatov hech kimga baqirmas, hech kimni so‘kmas, faqat muloyim gapirib, o‘zini yaxshi ko‘rsatadigan odam edi. U nima ish qilsa ham, orqadan qilardi. Birovning yuziga qarab “Akajonim” deya quchoqlab, u ketishi bilan “Bu ablahni yo‘qotlaring!” derdi. Yuzma-yuz gaplashganda juda jahli chiqsa, yumshoq kesatiq qilardi. Gayran buni yaxshi bilardi. Chunki otasi uzoq yillardan beri Almatovning qo‘lida ishlaydi va ular yaqin do‘st. Shuning uchun ham unga ochiq gapirmoqchi bo‘lgandi, ammo u ham eshitishni istamadi. Lekin nima qilsin? Karimovnig o‘ziga aytishga qo‘rqadi. Bular esa eshitishni istashmaydi. Indamasa vaziyat yomonlashib bormoqda.

U qolgan do‘xtirlarni tashqariga chiqardi-da, Almatovga qarab:

-Mayli, meni muxolifatchi deb hisoblanganlar, lekin ochiq gapni aytaman, “Katta”ning boshida tumori bor!-dedi.

Tomdan tarasha tushgandek aytilgan bu gapdan Haydarov ham, Almatov ham esankirab qoldilar. Bir muddatdan keyin

-Kallangiz joyidami? Buni aniq bilib aytayapsizmi yoki muxolifatchilik uchun aytib yubordingizmi?-deyishdi.

-Taxminlarimga tayanib aytdim. Chunki “Katta”ga boshni rentgen qilishni aytgandim, jerkib berdilar. Boshqa hamma joyni tekshirdim, simptomlar esa rak kasalining belgilaridir. Menimcha, boshning orqa qismida o‘simta bor va harakatsiz holda. Vulqondek uxlab yotibdi. Juda kichik. “Katta” har narsaga asabiylashgani uchun bu vulqon harakatga kelishi hech gap emas. Metaztaza boshlansa, hech narsa foyda qilmaydi.

Almatov indamay xonadan chiqdi-da, Nodirxonga telefon qildi׃

-“Katta”ning topshiriqlari bu, odam yubor, Gayranni qama!

-Otasinichi?-deya so‘radi Nodirxon.

-Urug‘ aymog‘i bilan qurit va Armanistonga qochib ketdi,-deya gap qilishsin…

-Bo‘ldi, faqat shoshmay turaylik, gap bor, hozir boraman, o‘sha yerda gaplashamiz…

Haydarov kelishi bilan Almatov gapni kalta qildi va rang quti oqarib ketgan Haydarovga׃

-Nima qilamiz?-dedi.

-Birinchi ish, gap tarqalib ketmasligi chorasini qilish kerak. Ikkinchisi, bitta yaxshi onkolog do‘xtirni chaqirib tekshirish o‘tkazish kerak. O‘zlari hozircha bilmasinlar. Bu gap hali to‘g‘ri bo‘lib chiqadimi, noto‘g‘rimi, bilmayman, ammo bu gap har qanday odamni yiqitadi…

-Men Gayranni yigirma yildan beri bilaman. Budan kuchli do‘xtir yo‘q. U taxmin qildim desa, haqiqatni aytgan bo‘ladi. Mening Olmoniyada bir do‘stim bor. Ismi Umar. Asli eronlik. O‘zi kuchli do‘xtir bo‘lmasa ham qo‘lida juda kuchli do‘xtirlari bor. Katta kasalxonaning rahbari. Yaqinda jiyanim davolanib qaytdi. Dunyoning juda ko‘p rahbarlari o‘sha joyda davolanadi. Turkmanboshining yuragini ham ular amaliyot qilishdi. Mana otday yuribdi.

-Ammo bu yurak emas, bu bosh. Bu juda yomon kasallik va gap tarqalasa tamom, ishimiz bitadi, o‘zlari bilib qolsalar ham boshi berk ko‘chaga kiramiz. Manimcha, o‘sha do‘stingizni bir guruh do‘xtirlari bilan chaqiraylik.

-Ularning maxsus samoletlari bor. Gospital samolet deyishadi. U asli Nodirxon bilan do‘st. Unga aytsak, darrov gaplashadi.

Ko‘p o‘tmay Nodirxonning o‘zi kirib keldi.

-Gayranga hozircha tegmaylik,-dedi u Almatovga.-Uning shubhalaridan xabarim bor. Kecha gaplashganmiz va u chetdan do‘xtir chaqirishni so‘ragandi.

-Umarni chaqirsang bo‘lmaydimi?-dedi Almatov.

-Umar osmondan kelayapti. Hammasini sarig‘i bilan olmoqchi. Miqdori ham katta…

-O‘lsin, qancha olsa olaversin, ammo tez kelsin,-dedi Haydarov.

-U Amerikadan va Yaponiyadan rak kasali mutaxassislarini chaqirib, olib keladi.

-Qachon? Rak dedingmi?

-“Katta”ning boshida o‘simta bo‘lishi mumkin. Gayran buni birovga aytishga qo‘rqib yuribdi,-dedi Nodirxon.

-Bizga aytdi..-dedi Haydarov.- Ukajon, o‘sha Umar bilan gaplash va ishni tezlat!

-Samoletni qayerga qo‘ndiramiz?-dedi Nodirxon.

-Tuzelga,-deb javob qildi Haydarov.-Katta dam olishga ketishdan oldin tekshiruvdan o‘tmoqda deb Tuzeldagi hukumat kasalxonasiga qo‘yamiz, o‘sha yerda tekshiradilar.

-Ular samoletning ichida tekshiradilar. Gap “Katta”ni ko‘ndirishda,-dedi Nodirxon.

-Buni menga qo‘yib beringlar,-dedi Haydarov.-Menga faqat qayerga, qachon olib borishni aytsangizlar bo‘ldi.

-Siz sariqlarni aytib qo‘ying, Kucherskiyning o‘zi olib kelsin, tayyor tursin, samolet qo‘nishi bilan sariqlarni olib chiqish kerak, Umar nasiyaga ishlamaydi, u do‘xtirlarga ham oldindan haq to‘laydi, mana akamning jiyanlarini ham davolatdik, u oldindan haq oldi, ammo o‘likni ham tiriltirib beradi!-deya favqulodda muhim odam kabi buyruq ohangida gapirdi Nodirxon.

Gayranning taxmini to‘g‘ri bo‘lib chiqdi. Karimovning bosh qismida kichik bir o‘simta bor ekan. Dunyoning mana man degan do‘xtirlaridan tuzilgan konsilium amaliyot qilish kerak degan qarorga keldi. Amaliyotga tayyorlash jarayonida ham bu haqda Karimovga aytishmadi. Haydarov bu masalada gaplashish uchun payt poylab yurgandi. Karimov esa goho bardam, gohi majolsiz edi. Majolsiz paytida u hech narsaga qiziqmas, hatto ishni ham topshirib yuborishga tayyor edi.

Shunday majolsiz kunlarining birida avval Mirziyoyevni chaqirdi׃

-Hech kimni bu dunyoga bog‘lab qo‘ygan emas, mana seni tarbiyaladim, ish o‘rgatdim, endi masuliyatni bo‘yninga oladigan payt kelmoqda. Boshqaruvni o‘zgartiramiz. Men Turkiyadagiga o‘xshab oqsoqol prezident bo‘lib qolaman va sen Bosh vazir sifatida boshqaruvni qo‘lga olasan. Buni o‘zi bo‘lmaydi. Birinchidan, siyosiy kuching bo‘lishi kerak. Yangi tuzilgan partiyani qo‘lingga ol. Ikkinchidan, juda ko‘p qonunlarni o‘zgartirish kerak. Hammasini ko‘rib chiq. Qonunlarni o‘zgartirish haqida bir farmon loyihasini tayyorla. Men maslahatchilarni ishga solaman va hamma qonunlarni qayta qabulq qilamiz. Konstitutsiyaga ham o‘zgartirish qilamiz. Shohizindaning bir tomoni meniki! Ikkini tomoni seniki! Birga yotamiz!

Mirziyoyev odati bo‘yicha o‘rnidan turib, Karimovning yoniga bordi va uni quchoqlab, yuzidan o‘pdi. Karimov tik turganda u bu ishni qilolams, chunki bo‘yi yetmas edi. Shu bois Karimov o‘tirgandagina u “lip” etib uning yoniga o‘tib, quchoqlar edi.

-Faqat bitta masalada o‘zingiz yo‘l ochmasangiz men hech narsa qila olmayman,-dedi Mirziyoyev.

Karimov uning yuziga qarab turib, zaharxanda jilmaydi-da, barmoqlari bilan sanagandek qilib׃

-Inoyatov…. Almatov… Azimov… G‘ulomov… Alimov…. Jo‘rabekov… yana kim?-dedi.

-Komilob, To‘laganov, Sultonov… Safoyev… Aripovni esaa

-Alimov bilan Jo‘rabekovni o‘lgan deb bilaver. Rashidga aytdim, ana ularning ustidan ish ochib qo‘yadi. Qolganlari esa senga havola!

Mirziyoyev chiqib ketishi bilan Karimov “Balki bu bola o‘zidan ketib qolsa-chi? Unda uning o‘zini ham qolganlarga qo‘shib yuboraman. Agar izdan chiqmasa, ko‘ramiz” deb o‘yladi.

U dastlab Almatovni chaqirdi׃

-Uka ko‘rayapsan. Sendan boshqaga ishonmayman. Bilaman, Mirziyoyev bilan gaplashganimni eshitgansan. Qulog‘ing sakkizta. Lekin harakatingni qil. Umidim senda. O‘zingga bitta partiya tuzish haqida ham o‘yla. Ha, do‘xtirlar bilan ishni esa tezlat. Bilaman, nimalardir qilayapsan, hech narsani ayama, ammo o‘zingni o‘ylab, ko‘zi ochlik qilma, mening sog‘lig‘imni bahona qilib, xazinamga ko‘z tikma, raqibing kuzatib yurganini unutma!-dedi unga.

Keyin bir-bir chaqirib, harakatlarini ko‘rishni qolganlarga ham aytdi.

Inoyatov bir o‘q bilan bir necha kishini o‘rmoqchi bo‘ldi. Karimov ham axmoq emas. Almatov esa, qamoqdagilarni ham qo‘shgan holda besh-olti joyni portlatish rejasini muhokama qildi,

Voqealar Karimovga zarar emas, foyda keltirishi uchun unga ham indamadi.

Almatov bilan Inoyatov muxolifatning orasiga bir qancha odamlarini suqqanlari uchun ularni siyosiy kuch sifatida qo‘llanishga urinishardi. Karimov esa bular menga qarshi bo‘lgan odamlardan foydalanib, xalqni o‘zlariga ergashtirishni rejalayati, deb ginasining usiga gina to‘plab qo‘yardi.

Karimov hech qachon darhol qasos olmasdi. U qasosni ko‘ngliga tugib qo‘yib, paytini kutar va vaqtini topib, bitta urishda ishni bitirardi. U boks o‘yinini yaxshi ko‘rardi. Doim kuchli bokschilarni kuzatardi. Ular sakrab turaveradilar, raqiblari esa uraveradilar. G‘alabaga ishonch ularni avvaliga kuchlantirsa, keyin holsizlanadilar. Kuchli bokschi shunday paytni kutib, bir urishda uni nokaut qilardi. Karimov ham shunga amal qilishga urinardi.

Karimovning o‘g‘lim, deya erkatlatganiga ishongan Azimov esa, ishbilarmonlardan odam tanlab bir tashkilot tuzdi. Unga “Ittifoq” deb nom berishdi. Uning tashkilotiga Almatov ham ko‘z tikdi. Chunki bu tashkilotga muxolfat ham qo‘shilgandi. Ammo muxolifatdagilar bu tashkilotning orqasida kimlar turganini sezib qolishlari bilan uni tark etishdi.

Azimov ustalik bilan bu tashkilotni Karimovga emas Mirziyoyevga qarshi qo‘ymoqchi bo‘ldi. Agar Almatov ham bu tashkilotga ko‘z tikmaganda, Inoyatov indamas va Mirziyoyev bilan Azimovni urishtirar edi. Lekin u Almatovga yo‘l bera olmasdi. Shu sabab yana bir necha kishini “Ittifoq”qa bog‘lashni rejaladi. O‘ziga tobe bo‘lgan, ammo ko‘zga ko‘ringan bir necha kishini ikkiga bo‘lib ham Azimovga, ham To‘laganovga yubordi. Azimov ustalik qildi. Hali prezident bo‘lish niyati yo‘qligini aytdi. To‘laganov esa ish bitgan, suv keldi, deb etigini yechdi va rozi bo‘ldi.

Karimov kundan kunga dunyoni suv bossa ham to‘pig‘iga chiqmas holga tushayotgandi. Holsizlanib borayotgani uchun bu haqda o‘ylamay ham qo‘ydi. Ayniqsa, Haydarov uning boshini maxsus rentgendan o‘tkazish zarurligini aytgandan keyin siyosatdan sovudi va hammasi bir-birini yeb o‘lib ketmaydimi, deb qo‘l siltadi.

Olmoniyadan kelgan do‘xtirning kattasi tahlil natijalarini ko‘rar ekan, Karimovning o‘zi bilan ochiq gaplashish va undan «Agar o‘lib qolsam masʼuliyat o‘zimda” degan yozuvni imzolatib olish kerakligini aytdi. Tarjimon bu gapni Haydarovga aytgandi u tarjimonga tikilib qoldi.

-Aka og‘zimdan gap chiqmasligini bilasiz-ku,-dedi tarjimon Haydarovning yelkasi osha Almatovga ham ko‘z qirini tashlar ekan.

-Uka, bilamiz og‘zingga mahkamsan,-dedi Almatov,-senga o‘xshagan yigitlar birinchi galda oilasini o‘ylaydi, bir – biridan shirin iki bolang bor ekan. Ayniqsa, Nargizaxon juda shirin. Olimjonga esa gap yo‘q. Ota-onang ham senga qarab qolishgan. Otang buyrak amaliyoti navbatida turgan ekan. Mana, biz bu masalani hal qilib beramiz. Axir davlat ahamiyatiga molik ish qiladigan va sir saqlashga qodir odamga birinchi galda xizmat qilinmasa, kimga qilinadi?

Do‘xtirlar bular nimani gaplashib qoldilar, deya hayron edilar. Buni his qilgan Haydarov

-Hammasi mayliku-ya, shu qo‘l qo‘yish degan masalani o‘rtadan chiqarish kerak,-dedi.- Nima dedingiz?

U shunday deb Almatovga qaradi.

-U kishi hamma narsaga qo‘l qo‘yadilar, ammo bunga emas. Umuman kim ham bunga qo‘l qo‘yadi? Masalan, Xudo o‘zi saqlasinu lekin men bo‘lganimda ham qo‘l qo‘ymagan bo‘lardim. Yoki mana siz ham qo‘l qo‘ymasdingiz…

Uning gapini Haydarov bosh qimirlatib tasdiqladi. Karimov shunday vaziyat yaratgandiki, uning atrofidagilar faqat bir-birlarining gaplariga bosh irg‘ab qo‘yardilar, biror qarshi gap aytish-tutab turgan gulxanni yondirib yuborish bo‘lardi. Shu lahzada Haydarovning ham, Almatovning ham ko‘nglidan bu gapni eshitsa, Karimov amaliyot tugul, maxsus rentgenga ham izn bermaydi degan qatʼiy fikr kechayotgan edi.

Ammo do‘xtirlar ham boshqa yo‘li yo‘ligi va ular o‘zlarini sug‘urtaga olishlari zarurligini aytib, oyoq tiradilar. Shunda Almatov “Turkiston” mehmonxonasida turgan Umar bilan gaplashish kerakligini aytdi. Umar rus tilini yaxshi bilardi. Uning ota-onasi Eronda mashhur do‘xtirlar bo‘lishgan. Otasi shoh Rizo Pahlaviyni ikki marta amaliyot qilgan. Dindorlar shohni ag‘darib tashlashganda ular Avropaga qochishgan va Umar Moskvada tahsil olgan. U yoshligidayoq Moskvadagi yer osti kuchlari bilan yaqinlashgan, keyinchalik Olmoniyada kichik bir kasalaxonani sotib olib, uning o‘rnida dunyodagi ko‘rinishi eng hashamatli bo‘lgan yirik klinikani qurdi. Mana-man degan do‘xtirlarni ishga oldi. Murakkab xastaliklar bo‘yicha tadqiqotlar boshlatdi. Qisqa vaqtda dunyoning ko‘zga ko‘ringan odamlari uning kasalxonasida davolanadigan bo‘lishdi. Ayniqsa, o‘zining soyasidan ham qo‘rqadigan hukmdorlar yer osti kuchlari orqali Umarga chiqib, shu yerda davolanishlari odat tusiga aylandi. Umar o‘zini dunyoning sanoqli kishilaridan biri deb bilardi.

Nodirxon uni taklif qilganda׃

-Ustiga to‘rta to‘qqiz raqami yozilgan sariq g‘ishtchalardan ko‘tara olganing qadar beramiz,-dedi.

-Men arang ikkitasini ko‘tara olaman, yaʼni yigirma to‘rt kiloni… Men bilan boradiganlar esa arang bittadan ko‘tara olishlari mumkin. O‘zing bilasan, taniqli do‘xtirlar o‘zlariga qaramaydilar, ular juda nimjon bo‘ladilar. Shu bois taklifingni o‘zgartiramiz.

-Xo‘p taklifing nima?

-Men hozir juda katta ishlarni tashlab borishim kerak. Jumladan ikkita mamlakat rahbari navbatda…

-Shartingni ayt.

-Biz borishimiz bilan odam boshiga beshtadan sariq g‘ishtchani samoletga chiqarsizlar. Shundan keyin do‘xtirlar pastga tushadilar.

-Biroz ko‘p aytmadingmi?

-Bu faqat do‘xtirlarning haqqi. Menga, gospitalimga samolet xizmatchilargiga yana shuncha…

Nodirxon bir gap aytsa, haq yana ikki baravar oshishini his qildi-da

-Gap yo‘q,-dedi.

Umarga Toshkentda maxsus joy qilishgandi. Ammo u rozi bo‘lmadi va mehmonxonada turishni ixtiyor qildi. Bu ham uning o‘ziga xosligi edi.

Karimov imzo qo‘yishga rozi bo‘lmasligini eshitgach u:

-Bu telefonni kimdir eshitmoqda,-dedi.

-Bu maxsus liniya va hech kim eshita olmaydi,-dedi Almatov.

-Agar sizlarnikilar eshitishmasa, boshqalar eshitmoqda. Nodirxon kelsin, gaplashamiz!

Nodirxon kelishi bilan Umar uni tashqariga boshladi

-Biz oddiy odam taqdiri haqida gaplashayotganimiz yo‘q. Agar unga bir gap bo‘lsa, sizlar daʼvo qilmasalaring ham bizning mamlakat daʼvo qiladi va tekshirib chiqadi. Do‘xtirlar buni biladilar. Bizda hozir qonunlar o‘zgargan. Sud ham bizni, ham do‘xtirlarni baravar jazolaydi. Bunday sudlarning hukmidagi raqamlarida kamida oltita “0” bo‘ladi.

-Shartingni ayt,-dedi Nodirxon gap qayoqqa ketishini bilib.

-Senikini rentgenga rozi qilasizlar. Amaliyot haqida unga hech narsa demaysizlar. Rentgen paytida narkozga olamiz. Hujjatga esa sen o‘zing qo‘l qo‘yasan. U menda turadi va men do‘xtirlarga “Bo‘ldi, hujjat imzolandi”, deb aytaman. Tarjimoningni pishit, do‘xtirlar bu haqda mabodo kasalga gap ochsalar, nima deyishini bilsin…

-Boshqa odam qo‘l qo‘ysa bo‘lmaydimi?

Umar savolni va tortishuvni yoqtirmas edi.

-Mayli, sen bilan birga Almatov ham qo‘l qo‘ysin!-dedi.

Nodirxon yana tortishish befoyda ekanligini tushundi. Hatto Umar buni ataylab rejalagan va kelajagini sug‘urtaga olmoqda deb o‘yladi.

-To‘g‘ri o‘ylayapsan, men shu hujjatni imzolatib, darhol qaytib ketaman. Hamma vakolat qo‘lingda bo‘ladi. Agar juda qo‘rqsalaring, keyin bu hujjatni qaytarishim mumkin. Hukmdorlar jinni bo‘lishadi. Ayniqsa, kimdir orqasidan uning o‘limi uchun masʼuliyatni bo‘yniga olsa,-dedi.-Agar bu o‘yinga kirishni istamasang, uni ko‘ndirishga urin, lekin u sendan kechadi-ki, ammo imzo qo‘ymaydi.

Nodirxonning rozi bo‘lishdan boshqa yo‘li yo‘q edi. Keyin gap chiqmasligi uchun nafaqat Almatovni balki Haydarovni ham qo‘l qo‘ydiraman, deb o‘yladi va bu ko‘nglini ravshanlatgandek bo‘ldi.

Karimov maxsus rentgenga arang rozi bo‘ldi. Ammo boshiga har turli simlarni bog‘lab tashlaganlaridan keyin o‘ylanib qoldi. Ayniqsa, pritivogazga o‘xshagan narsalar kiyib olgan doktorlarning kirib-chiqishlarini ko‘rib, ko‘ngli cho‘kib ketdi. Nahotki masala jiddiy? U ko‘zlarini yumgandi ichki bir “men” unga qarshi bosh ko‘tardi.

“-Ehtiyot bo‘l, uyg‘onmay qolishing ham mumkin!

-Bekor aytibsan. Hali qiladigan ishlarim ko‘p. Dushmanlarim otda yurganda men ketaman-mi?

-Sen sal narsaga dushmanlaringni o‘ylaysan. Do‘stlaringni ham o‘ylasang-chi?

-Do‘stlarim. Mirsaidovmi? U menga xiyonat qildi. Jazosini berdim. Tug‘ilganiga pushaymon qildim. Kim qoldi?

-Nazir-chi Nazir?

-Nazir! U mendan qochib yuribdi. U bilan oliygohda birga o‘qirdik. Aslida u boshqa gruppada edi. Ammo Ruxsora bilan mening oramga kirdi. Ruxsora… naqadar go‘zal edi-ya?.

-Ham go‘zal, ham aqlli edi…

-Ammo go‘zallar axmoq bo‘ladilar.O‘shanda Nazirga ko‘z suzmaganda…

-Buncha Nazir, Nazir deysan. Uni qamatding, badarg‘a qilding, oxiri qochib ketdi, baribir izidan odam qo‘yib yuribsan. Axir Ruxsoraga uylanmadi-ku u?

-Agar orada u bo‘lmaganda Ruxsora meniki edi. Ruxsora uni ko‘rmasa, menga rozi bo‘lardi, men ikki marta urusga uylanmagan bo‘lardim. Bugun u shohning xotini bo‘lib yurardi.

-Lekin sen uni o‘ldirding!

-G‘ururi baland edi. Uni men emas, g‘ururi o‘ldirdi.

-O‘ziku o‘zi, erini ham, uchta bolasini ham o‘ldirding!

-Chaqirtirsam kelmadi. Uyidagi gaplarni yozib kelishdi. Faqat meni laʼnatlar ekan. Erini ham, bolalarini ham menga muxolifatchi qilib qo‘yibdi.

-Chunki sen bekordan-bekorga Nazirni jazolaganingni biladi-da.

-Ruxsora meni yaxshi ko‘rardi. Ikkimiz har oqshom Beshyog‘och yaqinidagi tepalikka chiqib, gaplashib o‘tirar edik.

-Alisher Navoiy xiyoboni desang-chi. O‘sha tepalikka ayol kishining haykalini qo‘ymoqchi eding, nega Alisher Navoiy haykalini qo‘yding?

-Ruxsorani unutishni istadim. Agar Nazir paydo bo‘lmaganda, u mening yonimda qolardi.

-Yana Nazir, Nazir deysan-a? U axir Ruxsoraning qo‘lini ham ushlagani yo‘q-ku? U sening do‘sting edi, u to‘satdan paydo bo‘lib qolmadi, sen o‘zing uni Ruxsora bilan tanishtirding. U Ruxsoraga ko‘z olaytirgan emas…

-Ammo Ruxsora unga ko‘z olaytirdi. Uni ko‘rishi bilan mahzun ko‘zlari charaqlab ketardi. Lablaridan qahqaha tushmasdi. O‘zini uning bag‘riga otgisi kelardi.

-Nazir kelishgan, sen esa cho‘tir bashara eding. Nazir aqlli, sen esa ayyor eding. Nazirning gapirishlari qizlarni mahliyo qilardi, seni gaplaring esa qizlarni cho‘chitardi. Sen hamma narsaga kuch bilan erishishni istarding. U esa aql bilan..

-Xo‘p! Kim haq bo‘lib chiqdi? Men kuch bilan dunyoga hokim bo‘lib o‘tiribman. Ammo Nazir qani?

-U ham o‘z dunyosiga hokim. Dunyo qo‘lingda bo‘lgani bilan uni ushlay olmayapsan. Alamingni Ruxsoradan olding. Uni o‘ldirding.

-Uni men emas o‘zini o‘ldirdi, deb aytdim-ku senga! U o‘zi o‘zini osib qo‘ydi.

-Erini qamading, o‘g‘illarini qamading, uni tahqirlatding, hatto bir burda nonga zor bo‘ldi…

-Uning qirolicha bo‘lish imkoniyati ham bor edi. Ammo o‘zi shu yo‘lni tanladi.

-Xo‘p, Lola opaning aybi nima edi?

-Aybi go‘zalligida.

-Uning erida nima ayb edi?

-Badbashara bir maxluq shunday go‘zal ayolga uylanadimi? Katta ishda bo‘lganida kuchini ko‘rsatib, shunday parining umrini xazon qildi.

-U ham sen kabi kuchga ishongan bo‘lsa-chi? Ammo u sening ustozing edi. Senga ish o‘rgatdi, balo qazolardan asrab qoldi, orqangni tozalab yurdi.

-U faqat orqa tozalashni biladi. Nega o‘shanda meni uyiga olib borgandi? Nega xotini bilan tanishtirgandi? Nega birga o‘tirib ichardik va nega darhol mast bo‘lib qolardi? Nega ertalab uyidan chiqib ketganimni ko‘rganida ham ko‘ngliga shubha kelmasdi?

-U seni haqiqiy ukam, deb bilardi, senga ishonardi.

-Xotinni ukaga ham ishonib bo‘lmaydi.

-Xotini sendan katta edi.

-Go‘zal bo‘lsa yoshiga qarmaydi. U tengi yo‘q go‘zal. Uning boldirlari har qanday yostiqdan ham yushoq. Uning yuzlari oyni ham uyaltiradi. Uning ko‘zlari Quyoshni ham qamashtiradi. Uning…

-Butun yuragingdan urgan ekan-ku…

-Agar yuragimdan urmaganda erining qiliqlariga o‘ttiz yildan beri chidar edim-mi?

-Chidamas eding. Lola opa buni bilar edi va faqat erini qutqarish uchun aytganlaringga rozi bo‘lardi.

-Yo‘q. Erini istasa men bilan yotmasdi. Har qanday ayol kuchni, kuchlini istaydi. Men kuchliman. Shuning uchun u meniki bo‘ldi.

-Muhabbat-chi, Muhabbat. O‘n gulidan bir guli ham ochilmagandi.

-U ham o‘zini o‘zi o‘ldirdi. Uksus ichib o‘ldi. Ammo juvonmarg dunyoning malikasi bo‘ladigan edi.

-Sen uni sevgilisidan ayirding…

-Sevgilisi axmoq ekan, nega uni mening idoramga ishga o‘tqazadi? Kuchli odamlarning yoniga sevgilisini yuborgan odam hezalakdir.

-Ammo Muhabbat seni emas, o‘sha hezalakni tanladi.

-Yo‘q. U o‘limni tanladi.

-Seni to‘shaginga yotganlardan qanchasi o‘limni tanladi, bilasanmi?

-Bilaman. Almatov yashirsa, Inoyatov aytadi, Inoyatov yashirsa, Almatov… Shu bilan mening tilimni qisiq qilmoqchi bo‘ladilar. Hali hammasini quritaman.

-Senga yaxshilik qilgan ham, qilmagan ham baribir. Bugungacha senga ishongan qancha odamlar mahv bo‘lib ketdilar.

-Rajabovmi? Uni Davlat kotibi qilib qo‘ydim. Ammo meni joyimga ko‘z tikdi. Fozilbekovmi? Uni shahar hokimi qilib qo‘ydim, ammo menga xoinlik qilgan Mirsaidovning etagini tutdi. Ibrohimov-mi? Qari chol! Uni Oliy kengashga rais qilib qo‘ydim. Lekin tagimga suv quymoqchi bo‘lganlarning yo‘lini to‘smadi. Yo‘ldoshev-mi? Ho‘kiz! Uni ham rais qilib qo‘ydim, ammo tili chiqib qoldi. Malikovmi? Mahmadana! Uni vazir qilib qo‘ydim, elchi etib tayinladim, haqimni urdi, aldadi, dushmanlarimga qo‘shilib ketdi. Umrzoqovmi? Uni odam qildim, lekin pulni mendan yashiradigan bo‘ldi? Jo‘rabekovmi? Uni balo qazolardan asrab yurdim, ammo o‘z boshini o‘zi yedi. Hamidovni ham o‘z o‘rnimga hokim qilib yuborgandim. Biroq bitta Turkmanboshini yo‘qotolmadi. Yana kim? Berdiyevmi? Jabborovmi? Abdurahmonovmi? Jo‘rayevmi? Uf? Yana qaysi birini eslay. Son-sanog‘i bormi? Hammasi tuzimni yeb, tuzligimga tupurdi. Hammasi fitnachi! Hammasi xoin, poraxo‘r! Yaxshilikni bilishmadi. Shuning uchun ham jazoladim.

-Ammo senda kin, qasos hissi juda kuchli. Qanchadan qancha o‘zing tanimagan odamlarni ham yo‘qotib yubording! Aslida to‘g‘ri qilding! Bo‘lmasa ular seni yo‘qotar edilar!

-Ko‘rdingmi, biz bitta odammiz. Baribir menga qo‘shilmasdan ilojing yo‘q. Chunki kin va qasos ruhi bu liderning qoni. Qanday qilib qonsiz yashash mumkin? Qanday qilib? Qonsiz… qonsiz…”

Karimov narkoz taʼsirida chuqur uyquga ketgach, do‘xtirlar uning miya qopqog‘ini ochish uchun amaliyot boshladilar…

-Men bugunga qadar juda ko‘p hukmdorlarni amaliyot qildim,-dedi Karimovning bosh qismidagi o‘simtani olib tashlagan do‘xtir,-ammo hammasining ham miyasi juda kichkinaligini ko‘rdim. Qanday qilib miyasi shu qadar kichik bo‘lgan odamlar miyasi katta-katta bo‘lgan donishmandlarni qul qilib olar ekanlar? Qanday qilib hukmdorga aylanar ekanlar?…

Karimov 26 kun deganda samoletdan tashqariga chiqdi. Uning bu yerdaligini hatto oilasi ham bilmadi. Hammaga dam olishga ketgan deb aytishdi. Bu orada u “kasal ekan” deb gap tarqalgani uchun uni kuzatib kelgan qo‘riqchilari do‘xtir Gayranga qo‘shilib “g‘oyib” bo‘lishdi. Tarjimon yigitni esa olmoniyalik uchuvchi samoletga yashirib olib ketdi va u hozir Amerikada yashamoqda. Ammo otasi kasalxonaga borolmay olamdan o‘tdi. Onasi va umr yo‘ldoshini dindorlikda ayblab, qamab qo‘yishdi. Bolalari esa, Karimovning qizi boshchilik qilayotgan yetimxonada…

O‘N IKKINCHI BOB

Vazirlar mahkamasining majlisi 15 fevral kuniga belgilangan edi. Amaliyot ham shu kunga tayyorlangandi. Ammo birdaniga Karimov majlisni 16 fevral kuniga qoldirishi hammani shoshiltirib qo‘ydi.

Rustam, Otabek va Qoraboy aka yonma-yon xonalarda yotardilar. Devorlari bir edi, ammo yonma-yona ekanliklarini bilmasdilar. Ularga hayotning qizig‘i qolmagan va faqat intiqom hissi bilan yashardilar. Qoraboy aka yo‘q bo‘lgan oilasi haqqi qasos olish umida tongni kutayotgandi. Rustam ham uxlamayotgan va tezroq bu zulmatli tun bitishini istayotgandi. Otabek esa “Eshik ochilishi bilan birinchi bo‘lib yugurib chiqaman va portlatgichlar solingan mashinani o‘zim boshqarib borib hukumatning binosiga uraman” deb o‘ylardi.

Ularning har biriga alohida vazifa belgilangan va alohida guruhlarga kiritilgan edilar. Ular bilan aloqa qilgan kishilar amaliyotning barcha nuqtalaridan xabardor qilar edilar.

Bu avvaliga biroz shubha uyg‘otgan bo‘lsa-da, lekin keyinchalik ular Karimov va uning hukumatini yo‘qotish uchun juda jiddiy ish borayotgani va bunda o‘zlari ham muhim vazifa olganlariga chin dildan ishonib qolgandilar.

Kechalari ularni olib chiqib, Mustaqillik maydoni, Milliy bank va boshqa joylarni ko‘rsatishar, qayoqdan kelib, qayerga hujum qilishni aytishar va qurollardan qanday foydalanishni o‘rgatishardi. Keyin xaritalarni keltirib, sinovlar o‘tkazishardi. Bir marta Rustamni hatto chet eldan qaytgan yigit bilan uchrashtirishdi. Uning ismi Zayniddin ekan.

Zayniddin bilan eski shahardagi bir machitda uchrashdilar. Yana bir necha kishi bor edi. Zayniddin ularga xorijdagi birodarlar bu rejimni ag‘darib, Olloh buyurgan hokimiyatni o‘rnatishga tayyor ekanliklarini va ulardan ishora kutayotganlarini aytdi.

 Rustam va Bobur degan yigitni birga olib borishgandi. Bobur bir yil oldin qamalgan ekan. Xorijdan ushlab kelishgan. Endi amaliyotning asosiy rahnamolaridan biri edi. Ular birgalikda xufton namozini qilib, tongga qadar gaplashdilar. Vaqtlarining anchagina qismini kurashga boshlaydigan oyatlar va hadislarni o‘qishga qaratdilar.

Rustamni hayrtaga solgan narsa Zayniddinning notiqligi bo‘ldi. Har kalimani teran-teran qilib aytar va so‘zlarini tarixiy voqealar, hikoyatlar bilan mustahkamlar edi. U aytib bergan hikoyatlardan biri Rustamga qattiq taʼsir qildi.

-Siz birodarlar mana bu hikoyatdan xabaringiz bormi? Buni qulog‘ingizga quyib oling,-deya ularga murojaat qilgandi Zayniddin,-Iskandar deyilgan zot Mashriqqa kelganda, qarasa, odamlar odamlarga o‘xshamas edilar. Ularning ko‘zlari, burunlari joyida emas. Kimningdir ko‘zi bitta bo‘lsa, yana kimningdir og‘zi ikkita. Shunday yomon kasalliklar tarqalgan ekan-ki nafas olsang, albatta bitta kasal yuqadigan joy ekan. Bolalar tug‘ilganidan boshlab bukri, yo juda ham ozg‘in yoki juda ham semiz bo‘lib o‘sar ekanlar. Ular tunu kun ingranar, qiynoqda azoblanar ekanlar. Keksalar sudralib qolishgan. Hech kim o‘lolmas ekan. Xuddi qurt kabi o‘rmalab yurganlar, ilon misol vishillaganlar, qurbaqadek sakraganlarning son-sanog‘i yo‘q ekan.

Iskandar bu ahvolni ko‘rib juda ham hayratga tushibdi va Ollohga murojaat qilib bu bandalarini nega bu kuyga solganini so‘rabdi. Uning ro‘yosida maʼlum bo‘libdi-ki, bu yerda yashaganlar Iblisni o‘zlariga rahnamo qilib olibdilar. Iblisni maqtab, iblisga sig‘inibdilar. Hatto farzandlarining ismini Iblis deb qo‘yganlari bo‘libdi. Shoirlari Iblis haqida dostonlar yozsalar, nosirlari kitoblar bitibdilar. Bolalari Iblisni ota desalar, otalari Iblisga nafaqat o‘zlarini, balki onalari, qizlarini inʼom etar ekanlar. Nega?

Iblis ularga nima berdi yoki nima qildiki, ular uning quliga aylandilar? Iblisning qilgan ishi bitta ekan, u ham bo‘lsa ularning diliga qo‘rquv solgan ekan. Ular Ollohdan emas, iblisdan qo‘rqqanlari uchun yaratuvchi ularga ishoralar yuboribdi. Kimnidir qiynoqqa duchor etsa, kimnidir ayriliq azobiga solibdi, kimnidir xastalikka yo‘liqtirsa, yana kimni sharmandlikka ro‘baro‘ qilibdi.

Ammo ular o‘zlariga kelmabdilar. Ishorani sezmabdilar. Shunda ularga ibrat bo‘lsin deb qo‘shni mamlakatdagilarga shodliklar ulashibdi. Ular qo‘shnilaridagi bu shodliklarni baxtsizlik deb bilibdilar. Iblisdan kelgan qurquvni esa shu qadar o‘zlariga singdiribdilarki, hatto o‘layotganda ham Iblisga sig‘inib o‘la boshlabdilar. Shunda yaratuvchi ularni o‘lolmaydigan qilib qo‘yibdi. Azoblarning eng kattalarini yuboraveribdi va ularni Iblisni tanishga undabdi. Lekin bir marta Iblisning domiga tushganlar qaytib chiqa olmabdilar. Dunyoda erkinlik borligini unutibdilar va Olloh ham ularni unutib, ulardan voz kechibdi.

Iskandar o‘ziga voqif bo‘lgan bu xabardan keyin qilichini yalang‘ochlab Iblisning yoniga boribdi. Iblis unga:

-Mayli meni o‘ldir, o‘zim ham bu badbaxt xalqdan charchadim, ammo bir kun izn bersang men o‘zimda ayb yo‘qligini senga ko‘rsataman,-debdi.

Iskandar “Xo‘p” deb qarab turibdi. Iblis xalqqa:

-Meni maqtamanglar,-debdi.

Ammo maddohlar maqtayveribdilar.

-Menga bir tiyinlaringiz kerak emas,-debdi Iblis.

Qarasa, eng kambag‘allar ham bor butlarini sotib, xalta-xalta pul olib kelayotgan emishlar.

-Saylov qilamiz, meni saylamanglar,-deya yolvoribdi Iblis. Iskandar qarab tursa, hamma Iblisga ovoz berayotgan emish. Shunda u jahli chiqib “Bu xalq emas, bular qurt-qumursqalar”, deb ularni qirib tashlabdi.

Yana tushida unga maʼlum bo‘libdiki, agar u Iblisni o‘ldirganda balki bu jonzotlar qurt-qumursqalar holidan yana odamlar holiga qaytishlari mumkin bo‘lar ekan. Ammo ish ishdan o‘tgan, g‘isht qolipdan ko‘chgan edi.

Iskandar yo‘lga chiqqanda esa, Iblis unga hujum qilibdi. Ammo u orqasiga qaramay ketib qolibdi. Uning orqasidan:

-Sen yarador emassan, sen buyuksan, sen o‘lmassan,-debdi.

O‘shanda Iskandar, Iblis hamma narsaning teskarisini gapirishi va xalq ham shunga o‘rganib qolganini, anglabdi. Haqiqatni anglab qilichini qinidan chiqaraman desa, qon yo‘qotishdan holsizlanib sahroga tiz cho‘kib qolibdi. Iblis esa xaxolagancha turgan emish. Shunda Iskandar “Avlodlarim, bu xatoni men qildim, siz qilmang”, deya iltijo qilgan ekan. Bugun bizning xato qilmaydigan kunimiz bo‘lishi kerak!

Rustam oxirgi kecha Zaynidinning bu hikoyatini qayta-qayta eslab chiqdi. Lekin necha yildan beri qiynoqlar va azoblar girdobida ezilgani bir tomon bo‘ldi va amaliyotni 16 fevralga kechiktirganlari bir tomon.

Inson bir narsaga o‘zini tayyorlashi juda qiyin kechadi. O‘zini o‘limga tayorlash esa undan ham qiyin. Lekin Qoraboy aka va farzandlari Rustam hamda Otabekning umrlari bir kunga uzaydi. Bu ularni shod etmadi, balki iztirobga soldi. Chunki ular qasos kunini, qasos soatini shodlik daqiqasi deb bilardilar. Ana shu daqiqada boshlariga tushgan barcha azoblardan xalos bo‘lishlarini va intiqom hissida qovrilishlarini o‘ylardilar.

Karimov majlisni bir kun orqaga olishi ularning nafratini yana-da kuchaytirdi. Intiqom hissisga kuch berdi. Oxirgi lahzalarda ham bizni qiynamoqda, deb o‘ylashdi.

Bir kun ming yilga aylandi. Ular butun iztiroblarni qayta yashab chiqdilar va nihoyat amaliyot daqiqasi yetib kelganda, mashinalarga qushdek uchib mindilar.

Qoraboy aka mashinaga minar ekan, sal narida o‘g‘liga o‘shagan bir yigitni ko‘rdi. U ham unga qarab turardi. Yerto‘ladan tashqariga chiqib, ko‘zimga sarob ko‘rinmoqda deb o‘yladi. Haligi yigit ham unga qarab-qarab mashinaga mindi.

Orqasidan boshqa mashinaga minayotgan yana bir yigitni ko‘rdi. Buni Otabekka o‘xshatdi va o‘limning oldidan Xudo farzandlarimni ko‘zimga ko‘rsatmoqda deb o‘yladi. Xuddi ana shunday his Rustam va Otabekda ham bor edi. Ular go‘yo moʻjiza oldida lol edilar.

Amaliyotni rejalagan odam esa otasi va farzandlarini uzoqdan bo‘lsa-da oxirgi marotaba bir-birlariga ko‘rsatib, o‘z ko‘nglini rohatlamoqchi edimi? Yo‘q. Balki bu tomoni hech kimning xayoliga ham kelmagan va bir-birini olisdan ko‘rib qolish shunchaki tasodifmidi? Yo‘q. Reja tuzilganda bu narsa alohida o‘ylangan va ularni oxirgi lahza ham intiqom hissi bilan sug‘orish planli tarzda amalga oshirilgandi.

Karimov shu kuni ishga erta keldi va seyfni ochib dastalab qo‘yilgan maktublardan birini oldi. U o‘zining nomiga kelgan maktublarni deyarli o‘qimasdi. Ammo turli tasodiflar tufayli baʼzi maktublar qo‘liga yetib qolsa, o‘qib yo yirtib tashlardi yo otib yuborardi. Ammo kamdan kamlarini olib qo‘yardi. Mana bu maktubni va uni bergan odamni esa yaxshi eslaydi.

O‘shanda qizini turmushga chiqargani uchun Darxonda nahor oshi berdi. Qudasi bilan tashqarida turib, kelgan-ketgan bilan salom-alik qilib turishdi. Osh yeb chiqqan bir notanish odam uning qo‘liga bir konvert tutqazdi. To‘yona bo‘lsa kerak deb olib qo‘ydi. Ammo keyin qarasa, juda chiroyli husnixatda yozilgan maktub ekan. Negadir bu xat unga qattiq taʼsir qildi. Mana sakkiz yildir-ki bu xat seyfda. Faqat nusxasini maslahatchisi Alimovga bergandi.

Karimov xuddi yaqinda yozilgandek, maxsus seyfda sarg‘aymay turgan bu xatni yana bir bor o‘qiy boshladi

“Paxta ishi deb ko‘p odamlar qamalib ketdi. Agar bu adolat uchun boshlangan harakat bo‘lganda, birinchi bo‘lib siz qamalishingiz kerak edi. Chunki siz bu ishlarning boshida turgansiz. Qo‘shib yozish boshlanadigan joyning nomi Gosplan edi. Siz umringizni qariyb yigirma yilini shu idorada o‘tqazdingiz. Qo‘shib yozishning barcha maxanizmlari shu idorada kashf etilganini axmoq ham biladi. Ming-ming odamlarni qamashdi, ammo sizga hech narsa deyishmadi.

Siz bir necha yil Moliya vaziri bo‘ldingiz. Qo‘shib yozish, paxta ishining barcha pullari sizning qo‘l ostingizdan chiqqan. Chunki o‘rtada bir-ikki so‘m emas, millionlar, milliardlar aylangan va bu qadar mablag‘ Moliya vazirining xabarisiz aylanmasdi. Ammo sizga indashmadi.

Siz viloyatda partiya komitetining birinchi kotibi bo‘ldingiz. Bu paytda qo‘shib yozish eng avjiga chiqqan edi. Sizni obkomning birinchi sekretari deyishardi. Viloyatda birinchi sekretarning izni bo‘lmasdan bir ish qilinmasdi. Shuning uchun ham barcha obkom sekretarlarini qamashdi. Ammo sizga indashmadi.

 Chunki siz ularning o‘z odami edingiz. Chunki ularning maqsadi hokimiyatni sizga olib berish edi. Shu yo‘l bilan bizni mustamlaka ostida saqlamoqchi edi ular. O‘shanda mustaqillik harakatlari kuchaygandi. Bu juda katta to‘lqin. Daryoga aylangandi. Unga ochiq qarshi chiqqan odamni va odamlarni oqizib ketardi bu daryo. Shuning uchun ham bu qudratli to‘lqinga pand berish uchun sizni topishdi.

 Siz hamma tomonlama ularga mos keldingiz. Umr yo‘ldoshingiz ulardan va zehniyatingiz ham ularga yaqinlashib qolgan. Men ko‘p eʼtibor qildim. Bizning tilimizda gaplashganda juda qiynalasiz va ularning tilida gaplashganda rohat qilasiz. Inson qaysi tilda rohat gaplashsa, butun qalbidagini hech bir to‘siqlarsiz ifodalasa, demak bu til uning ona tilidir. Siz turli gaplar va harakatlar bilan bizni aldashingiz mumkin, ammo yurak yurakdan ular bilan, ular bilan birgasiz. Yana ham ochiq aytsam, siz ulardan birisiz. Siz bizga begonasiz. O‘zimizdan chiqqan begona!

Esingizdami, deputalarimiz mustaqillik eʼlon qilganlarida qarshi chiqqan edingiz. Oradan bir yil o‘tib, qamalish xavfi bilan yuzma-yuz kelib qoldingiz va darrov mustaqillik eʼlon qildingiz.

Bu xalqimizning fojeasi. Bu xalqimizning Xudo urgani deganlar ko‘p. Ammo baribir hamma narsa Xudoning ham emas, sizning qo‘lingizda. Bugun tarixiy zarurat tufayli katta imkoniyatga egasiz. Mustaqillik eʼlon qilib, o‘zingizni qutqargan kabi endi butun xalqni ham qutqarib qolish imkoniga egasiz.

Siz ham erkaksiz, xotiningiz bor. Siz ham otasiz. Farzandlaringiz bor. Hech bo‘lmasa shularni o‘ylang. Agar siz hozirgidek gapda boshqa va amalda boshqa bo‘lsangiz ular ham baxtsiz bo‘ladilar. Butun xalq, umr yo‘ldoshlarimiz, farzandlarimiz baxtsiz bo‘ladilar.

Siz haqingizda eshitdim. Yo‘liga to‘siq bo‘lgani uchun otasini urib, og‘zini qonga botirgan va oq qilinib, uydan haydalgan kimsa, deyishdi. Birinchi xotini va o‘g‘lini ko‘cha-kuyda darbadar qilib qo‘ygan nomard, deyishdi. Nahotki, Xudo shunday odamni bizning boshimizga yubordi? Demak, bu ishning Xudoga aloqasi yo‘q.

Sizda ana shularning hammasidan qutilish imkoni bor. Bu esa oqil va odil insonlarga quloq tutib, xalqqa xizmat qilishdir. Ammo sizni bu masalada ham badbaxt deyishdi. Oqil odamlarni oyoq osti qilib, axmoqlarni qo‘llaydigan kishi deyishdi. Otasini o‘ldirib, onasini xotin qilgan badbaxt ham sizni maqtasa unga mansab berib, uni yoningizda olib yurasiz, deb eshitdim. Nahotki?! Nahotki bu xalqning sho‘ri qurigan?!

Shunday ekan, sizga maktub yozish ham axmoqlik emas-mi? Men achiq-achiq so‘zlarni tanladim va sizni insofga chorlamoqchi bo‘ldim. Paxta ishi davom etgan kunlarda “Literaturnaya gazayeta”da Rasul G‘ulomov degan odam haqida yozishdi. U Rashidovga men sizga yozganimdan ham yuz marotaba haqoratli maktub yozgan ekan. Men muxolifatdagi oddiy faolman. U esa, Rashidovning yonidagi katta mulozim ekan. Shunga qaramay, Rashidov o‘zini onangni, xotiningni deb so‘kkan bu odamni yo‘qotib yubormagan ekan. Hatto “tekshiringlar u haqdur, uni shu qadar achchiq gaplarni aytishga undagan narsa adolatsizlik bo‘lsa kerak”, deb maktubning tepasiga yozib qo‘ygan ekan. Shu xatni nusxasini ham chop etishibdi. Ana shu narsa meni ham sizga maktub yozishga undadi. Balki sizni insofga chaqira olaraman, balki tosh yuragingizni junbushga keltirarman, deb o‘yladim.

Unutmang, siz yomonlik qilsangiz ham, yaxshilik qilsangiz ham uzoq vaqt taxtda qolasiz. Chunki sizni yer osti kuchlari qo‘llamoqda, chunki sizni zimdan urus og‘alaringiz qo‘llab turibdi va eng asosiysi sizni o‘zingiz mansubi bo‘lgan maxfiy xizmatlar dastaklamoqda. Yomonlik qilib o‘tsangiz ham sizni ko‘p gapiradilar va yaxshilik qilib o‘tsangiz ham.

Bilasizmi, sizning yuzingizda nur yo‘q, mehr yo‘q. Qo‘rqinchli yuzingiz bor. Ko‘zingizda shoʻla yo‘q, sovuqlik yog‘ilmoqda. Qarashlaringizda g‘azzab va nafrat qorishiq. Gaplaringizda tahlika va zulm bor. Bular bitta xalq uchun juda ham og‘irga tushadigan narsalar.

Xudoyim shaytonni, yaʼni iblisni yo‘ldan qaytara olmagan degan gap bor. Ammo shaytonga uning shaytonligini aytgani uchun u o‘zini panaga olgan ekan. Sizni men va men kabilar yo‘ldan qaytara olamizmi, yo‘qmi bilmayman, bizda Xudoning qudratidan zarra qadari ham yo‘q, ammo sizga kimligingizni aytishimiz kerak. Balki bizning gaplarimiz sizni jinoyatlardan, bu xalqni oyoq osti qilishdan saqlab qolsa…”

Shu paytda kuchli portlash sadosi eshitildi. Karimov o‘rnidan turib, deraza yoniga keldi. Hukumat binosi tomondan ko‘kka tutun o‘rlayotgan edi. U qabulxona eshigini ochdi. Almatov va boshqalar shu yerda edilar.

-Formang juda yarashibdi,-dedi unga Karimov. Almatov deyarli forma kiymas edi. Ammo bugun Karimovning talabi bilan kirib kelgandi. Ular birgalikda hukumat binosi yoniga kelganlarida hamma yoq ostin-ustun edi. Kimdir qichqirgan, kimdir yig‘lagan. Kimdir yarador, kimdir esankirab qolgan…

-O‘zimiznikilardan kimlar ketibdi?-dedi Karimov Almatovga Vazirlar mahkamasi majlisiga deb bu yerga to‘plangan vazirlarni nazarda tutib.

-Yo‘q, o‘zimiznikilar eson-omon!-dedi Almatov “o‘zimiznikilar” kalimasiga urg‘u berib.

Almatov ilk bor Karimovdan baʼzi odamlar haqida g‘amxo‘rlik qilishdek bir gap eshitgandi. Chunki Karimov uchun vazirlar va tuproqqa qorishgan odamlar orasida farq yo‘qligini u bilar edi. Shuning uchun, xato qilib qo‘yganini angladi. Karimov aslida nega vazirlardan bir-ikkita tuproqqa qorishmadi deb so‘ragandi. Chunki bir-ikki vazir o‘lsa, shunda bu voqeaning xabar maydoni yana-da kengroq bo‘ladi, deb o‘ylagan.

Zotan ilgari bu amaliyot haqida gaplashganda u Almatovga׃

-Bu dunyo juda ham qiziq. Oddiy odamlardan mingtasi o‘lsa ham birovning parvoyiga kelmaydi. Ammo bitta vazir o‘lsa, besh kun to‘xtamay gap qiladilar. Vaholanki, hammasi bir go‘r. Lekin dunyo shuni istaydimi, demak, u yeydigan ovqatni hozirlash kerak,- degan edi.

Almatov Karimovning yuziga qaragan edi, uning ko‘zlaridan qoniqmaslik hissini angladi va uning yoniga yaqinlashib qulog‘iga pichirladi׃-Ishimizda kamchilik bo‘ldi. Ruxsat bersangiz keyingi obyektga o‘zim boraman, balki shu bilan o‘zimni oqlarman, sizning oldingizda gunohkorman,-dedi.

Karimov uning ko‘ziga qarab zaharxanda jilmayish qildi va

-Yetib borolasanmi?-dedi.

-Har birining orasida besh daqiqa vaqt bor. Bizning idoramiz uchinchi va men yetti minutda yetib boraman. Uch minut zapasim ham bo‘ladi,-dedi jiddiy ohangda.

Chunki Almatov katta xato qilindi va endi qutilishning imkoni yo‘q, baribir ishdan ham ketdim, deb o‘ylayotgan edi. Ishdan ketib qutilmasligini ham yaxshi bilardi. U Karimovning odatini biladi. “Qamoqda chiritaman” desa, chiritadi. Har qanday bahona bilan qamoqda saqlayveradi. “Yo‘qotaman”, desa yo‘qotadi. Mana shu ichki qo‘rquv Almatovning gaplariga jiddiylik berib, Karimovda shubha uyg‘otmadi.

Ammo Karimovning vaqtni surishtirgani uning yuragini o‘ynatib yubordi. Demak, mendan voz kechdi.

-Ko‘rayapsanmi buni? Yerga kirsang qulog‘ingdan, osmonga chiqsang oyog‘ingdan tortib kelish uchun asos bo‘ladi. Istagan paytda bu deloni ochaman va seni Jasliqqa yuboraman. Soqollilarning oldida besoqol bo‘lib yurasan!-dedi.

Almatov qanday qilib qutilish haqida ko‘p o‘ylagan. Bir marta Nodirxon unga׃

-Istasangiz, Moskvada bolalar bor va diagnoz sifatida davolanmas bir kasalni qo‘yib berishadi. Yo‘liga davolanish deb qutilib ketasiz,-dedi.

Almatov Nodirxonning og‘ziga urgandi va

– Men oqsoqol bilan bitta vagondaman. Tushib qolish yo‘q,-degandi.

Mana endi kutilmaganda u o‘lim bilan yuzma-yuz bo‘lib qoldi. Chunki Karimovning hukumat majlisini bir kun orqaga olganini ham hozir anglagan edi. Odatda baʼzi vazirlar rostdan ham kasal yoki uzoqroq joyda bo‘lsalar majlisga kelmaganlari uchun bahona topishardi.

Ammo kechiktirilgan majlisga hech qanday bahona o‘tmasdi. Ular o‘ta jiddiy masala borligini va Karimovning nimadandir jahli chiqqanini bilib qolishardi. U faqat jahli chiqqandagina oldindan belgilangan majlisni qoldirardi. Yoki kimlarnidir ishdan olmoqchi bo‘lsa ham shunday qilardi. Demak, u masalaning mana shu jihatiga o‘ta jiddiy qaragan va bir necha vazir yarador bo‘lishi yoki o‘lishi hujumni katta voqeaga aylantiradi, shundan keyin xoxlagan ishimni qilaman, norozilarning hammasidan qutulaman, deb o‘ylagan. Endi meni ana shu vazirlarni qutqarib qoldi, deb o‘ylaydi va ishimni rasvo qiladi, deb qurquvga asir tushdi.

Karimov׃

-Bu ishni qilganlarni qachon topasan?-dedi unga baland ovozda.-Bir oyda hammasini sudga olib chiqaman. Hozir qo‘limda ip uchlari bor va allaqachon ishni boshlab yubordik,-deya javob qildi.

-Hammasiga o‘zing bosh-qosh bo‘lasan! Vaqti kelganda o‘zingni oqlaysan!

Almatovning ko‘nglida quyosh porladi. Demak, u meni asrab qoldi, hali ham menga ishonadi, deb o‘yladi. Ayniqsa, Inoyatov va boshqalarning oldida mana shunday deyishi uning ko‘nglini tog‘day ko‘tarishi edi. Karimov undan amaliyotning zarbasi sust bo‘lishida qo‘li bo‘lganlarni jazolashni so‘rayotgan edi va Almatov buni tushundi.

-Qani ikkalang ikki tomonimga o‘t. Kuchimov tirikmi? Chaqirlaring, xalqqa aytadigan gaplarimiz bor,-dedi Karimov ikki generalni ikki yoniga olib.

Televideniyening raisi Kuchimov hukumat majlisiga kelgan va allaqachon Karimovning ko‘ziga tashlanish uchun atrofda tipirlab yurgandi. Majlisga deb kelgan operatorlar ham chaqirildi. Karimov hukumat binosining eshigi qarshisiga o‘tdi. Yaradorlarni tashishayotgan paytda videotasmaga tushishini istardi.

U Kuchimovga “Sen suratga olaver” degan ishorani qildi va o‘zi Almatov hamda Inoyatov bilan gaplashib turgandek holat yaratdi. Shu payt Milliy bank yonida kuchli portlash yuz berdi. Karimovning ko‘ngli ko‘tarildi va bir zum xayolga berildi׃ Meni ko‘rganlar, mana qanday qahramon odam bizni boshqarmoqda, deb o‘ylaydilar. Bundan o‘n yil oldin Bo‘kada mesxet turklarining uylarini yoqqanlarida ot minganim keyin qancha foyda berdi. Hujjatli filmlarda ko‘rsatildi, kitoblarda yozildi. Bu menga katta obro‘ olib keldi. Mana endi bu voqeaning qahramoni ham o‘zim bo‘laman. Bir tomonda portlashlar va men qo‘rqmasdan o‘rtada turibman…

Aslida esa bu Karimovning xatolaridan biri bo‘lgandi. Xuddi mana shu manzara juda ko‘pchilikda shubha uyg‘otdi. Chunki har qanday odamda ham o‘zini o‘zini himoya qilish instinkti bo‘ladi. Unga qarshi hujum uyushtirilgan bo‘lsayu u darhol voqea joyida paydo bo‘lsa? Buning ustiga yaqindagi bir joyda kuchli portlash amalga oshirilsayu u bundan qo‘rquv emas, qoniqish his etsa?

Karimov odamlarga “Panikaga tushmangalar!” deb voqea joyidan xonasiga qaytar ekan, cho‘ntagidagi maktubni chiqarib, o’qidi.

“Insonning yaxshilikka tomon odimlashi birovni kechirishdan boshlanadi. Birovni kechirsangiz yengillik his qilasiz. Ruhingizda, dilingizda yengil bir mag‘rurlik paydo bo‘ladi. Bu qilgan yaxshilikning ajri, mukofotidir. Men sizga og‘ir gaplarni yozdim. Siz meni bir kechirib ko‘ring. Bu sizning yangi hayotga ilk odimingiz bo‘ladi. Kechirishga o‘rganish tomon safarga chiqqan bo‘lasiz. Razolatdan, yomonliklardan uzoqlashgan bo‘lasiz. Aks taqdirda razolat botqog‘iga botishingiz mumkin. Sizga kechirish baxtiga muyassar bo‘lishingizni istab Qoraboy, 1992 yil”.

 -Ma bu xatni deloga tirka. Bu odam azaldan menga qarshi bo‘lganini isbotlovchi bundan kuchli dalil topolmaysan…

Almatov bu xatning nusxasini ilgari o‘qigan edi. Bundan yetti yil avval. O‘shanda Alimov xatning nusxasini unga ko‘rsatib, bu oiladan sen ham ko‘z-quloq bo‘lgin, degan edi. Ammo keyin bu oila MXX ixtiyoriga o‘tgani uchun u boshqa oilalar bilan shug‘ullandi. Oxirida yana o‘ziga o‘tdi. Mana endi oradan yetti yil o‘tib, o‘sha xatning asl nusxasini ushlab turibdi.

Aslida Almatovni qo‘rqitgani ham mana shu. Karimovning toqati. U birovni jazolashga shoshmaydi. Yillab kutadi va yillar davomida jazolab boradi. Unda gina juda ham kuchli va dushmanini tor-mor qilguncha tinchimaydi. U juda mohir ovchiga o‘xshaydi. O‘ljasini uzoq poylaydi va shunday uradiki, o‘nglanib olishiga vaqt qoldirmaydi.

Bir zumda xayoliga kelgan bu fikrni quvgan Almatov yaxshi narsalar haqida o‘ylashga urindi׃ Mana u menga ishonmoqda. Ishonmaganda bu maktubni menga berarmidi?..

Axir amaliyotning chetdagilarni ham bu ishga aralashtirish qismini boshqaga ishongan bo‘lsa-da, baribir Nodirxon orqali meni ham xabardor qilib turdi. O‘zi ham juda zo‘r ish bo‘ldi. Hammasini tuzoqqa ilintirdik. Ishni o‘tizga yetmish qildik. O‘ttizi bizdan bo‘ldi. Yetmishini ular tashkil qildilar. Bir narsaga ishonmagan odamlarni boshqarish juda qiyin. Ammo ishongan odamlarni boshqarish oson ekan. Qamoqda o‘tirgan besh olti kishi orqali tashqaridagilarni qo‘g‘irchoqdek o‘ynatdik. Ular hech qachon hech narsadan xabardor bo‘lmaydilar. Ammo qolgan o‘ttiz foyizi-o‘zimiznikilarni tinchitish kerak. Bu ishni Nodirxonga aytgan edim. Ularni tutday to‘kib tashlagan bo‘lsa kerak. Orada na u yoqning va na bu yoqning odami bo‘lganlar ham bor. Ularni ham yo‘qotish kerak. Bir kunmas bir kun hidi chiqsa, kallam ketadi…

Almatov ana shu o‘ylarini amalga ko‘chirish bilan band ekan majlisning vaqti bo‘lib qolgandi. Majlisda balki boshqacha yo‘l tutsam bo‘larmidi, deb o‘ylab qoldi. Chunki bir qancha yosh yigitning yostig‘ini quritib yuborishga bevosita buyruq berganidan ko‘ngli allanechuk bo‘lgandi. Ilgarilari bunday ishlarni qilganda, men askarman derdi, bu safar buyruqni o‘zi berdi. Dunyo qiziq. Jallodning ko‘nglidan ham gunoh hissi o‘tar ekan.

Majlisda qahramon shoir:

-Almatov, bu ablahlarning boshini sabchadek uzib tashlang!- hayqirdi.

Bu gap Almatovga yengillik bag‘ishladi va ko‘nglida paydo bo‘lgan gunoh hissi o‘rnini qilgan ishidan mag‘rurlik tuyg‘usi egalladi.

…Butun mamlakat bo‘ylab qama-qamalar boshlanib ketdi.

O‘N UCHINCHI BOB

Nilufar Dubaydagi zindonda besh nafar juvon bilan birga azob chekmoqda. Ammo uni Nodirxonning huzuriga olib kelishganda ko‘rgan xo‘rligi oldida bunisi hech narsa edi. O‘sha daqiqalarni esladi.

-Sen qanjiq nimanga bino qo‘yding, nega bu qadar noz qilasan?,-dedi o‘shanda Nodirxon uning yuziga tarsaki tortib.

U yuzidan chiqqan olovning taftida bir zum qovrildi-da, keyin xonadan qochib chiqmoqchi bo‘ldi. Biroq Nodrixon bir sakrab uning sochidan tortib, aylantirib yubordi. U xonaning bir chetidagi divanga shunday urildiki, go‘yo suyaklari mayda-mayda bo‘lib ketgandek his qildi o‘zini.

-Men qizlarni qiynashni yaxshi ko‘raman,-dedi Nodirxon.-Ularni aldab-suldab o‘tirmayman. Bu hezalaklarning ishi. Ikkiyuzlamachilik qila olmayman. Baribir aytganimga rozi qilaman. Sen ham baribir rozi bo‘lasan. Faqat yana bir-ikki tarsakidan keyin. Nafrating qancha kuchli bo‘lsa, ehtirosing ham shu qadar baland bo‘ladi. Hatto o‘zing yalina boshlaysan. Seni bugungacha aldashdi. Men esa, senga haqiqatni ko‘rsatayapman. Haqiqat mana shu! Sen endi buzuqsan! Bilib qo‘y, buzuqlar baʼzan sog‘lardan yaxshi yashaydilar.

Bilaman hozir senga yashashning qizig‘i yo‘q. Ammo yashashga o‘rganasan. Buzuq bo‘lib yashashga o‘rganasan…

O‘sha kun Nodirxon Nilufarni juda qiynadi. Oxirida zo‘rladi. Hammayog‘ini ezib, tishlab, momotaloq qildi. Unga hech taskin bermadi.

Nilufar uchun hayotning qizig‘i qolmadi, lekin negadir yashagisi, Nodirxon va boshqalardan o‘ch olgisi keldi. Uning uchun ota-ona, buvisi yoki kelajak hayotning zarra qadar o‘rni qolmagan edi. Bu kitobning sahifalari yopilgandi. Yangi kitob ochilgandi. Qasd olish.

Qasoskorlik odamning ruhida bo‘lar ekan. Ammo ruhning juda tubida, uyg‘onmas bir holatda yotar ekan. Uni mana shunday dahshatli holatlar uyg‘otarkan. Bu ruh yiqilgan odamni qaytadan oyoqqa qo‘yar ekan.

Nilufar nodirxonlar bilan yaxshi bo‘lish va paytini topib, ularni jazolash haqida o‘ylay boshladi.

Ammo Nodirxon bundaylarni ko‘p ko‘rgan. Shuning uchun Nilufarni Dubayga jo‘natib yubordi. Bu yerda uni Firdavs degan bir yigit kutib oldi.

Firdavs asli samarqandlik. Toshkentda iqtisod oliygohini bitirgandan keyin bankka ishga o‘tganda Durdonaning nazariga tushdi. Durdona shohning qizi emasmi, nazariga tushgan odamni tuzog‘iga ildirishi qiyin emas. Uning bir imosi bilan Firdavsni Dubayga jo‘natishdi. Bu yerda Durdonaning bir qancha shirkatlari bor va Firdavs ulardan birida ishlay boshladi. Bu shirkat asosan mamlakatdan yuborilgan qizlarni Dubaydagi rasmiy va norasmiy fohishaxonalarga joylashtiradi. Chapani qilib aytganda, qo‘shmachilik biznesini yuritadi.

Nilufarni ham Firdavs kutib oldi. Oldin mehmonxonga olib bordi.

-Kasal bo‘lganmisan?-deb so‘radi undan qo‘pol tarzda.

-Qanaqa kasal?

-O‘zingni go‘llikka solma. Fohishalar qanday kasal bo‘lishini men senga aytishim kerakmi?

-Men fohisha emasman…

-Menga mana shunaqa gaplar yoqmaydi. Bu yerga keldingmi, erkakcha gaplashish kerak. Bu yerda noz ketmaydi. Sen bu yerga o‘zingni sotish uchun kelding. Bu biznes. Ham sen pul qilasan, ham biz. Biz senga ish topib beramiz va shuning uchun haq olamiz. Sen ishlaysan va ham o‘zingni haqingni olasan, ham bizning haqimizni to‘laysan.

-Men o‘z xohishim bilan kelganim yo‘q!

-Bilaman, bu yerga hech kim o‘z xohishi bilan kelmaydi. Kimdir ishsiz qolgan. Kimdir bolalarini boqolmay qiynalgan, kimdir qo‘shnisi xorijdan pul bilan qaytganiga havas qilib kelgan va hokazo. Xullas, quloq sol. Pasporting menda turadi. Men seni olib borib qo‘ygan joyda yashaysan. Bu yerda ikki xil ish bor. Rasmiy fohishaxonada kam haq to‘lashadi. Norasmiy joyda esa, ko‘proq haq olasan va seni tekshirib, bola bo‘lib qolmasligi, kasallikka yo‘liqmasliging uchun tadbir olishadi. Istarang issiq ekan. Jazmaning ko‘p bo‘ladi. Istasang bir kechada o‘ttiztasini ishdan chiqarishing mumkin. Boshingdan pul to‘kiladi. Bu kecha menikisan. Bunisi bepul. Ammo oldin men seni bir tanish do‘xtirga olib boraman…

Firdavs ham insonni tahqirlashda Nodirxondan qolishmas edi. Nilufarning chidashdan boshqa yo‘li yo‘q. Ammo fohishaxonada barzangidek-barzangidek arablarning tahqirlariga chiday olmadi va paytini poylab qochdi. Yo‘lda turgan bir mirshabning yoniga borib shikoyat qilmoqchi bo‘ldi. Tilni bilmasang dunyo senga begona deganlari rost ekan. Mirshab uni olib kelib mana shu zindonga tashladi. Bu yerda rus tilini biladiganlar bor ekan. Qariyb bir oydan keyin uni o‘zbeklar saqlanadigan joyga o‘tqazishdi. To‘rtta o‘zbek ayoli bor ekan.

Ulardan biri – Malika. Beshta bolaning onasi. Pul ishlayman, deb bu tomonlarga kelib qolibdi. Nilufar ularning suhbatiga quloq tutdi.

-Yer yutgurlar chet eldan ish topib beramiz, boyib ketasiz, deyishdi. Bolalarimni ovsunimga qo‘yib, Xoliqboy degan bittasidan qarz olib bularga bergandim. Uning foyizini ham to‘lashim kerak, hali. Men qayoqdan bilay, bunaqa ishligini. Olib kelib, barzangi arablarning to‘shagiga tashlashdi. Ha, yer yutgurlar! Aslida hamma ayb o‘zimiznikilarda. Ular bir miri uchun onasini ham, singlisini ham sotadilar. Bo‘lmasa, men necha martalab aytdim, beshta bolam bor deb. Hech bo‘lmasa sekingina bu ish sizga bo‘lmaydi deb aytmaydimi?

-Opa eringiz qayerda,-deb so‘radi Rahima ismli juvon.

 -Erim ham yer yutgur odam chiqmadi. Qayerdagi dindorlarga qo‘shilibdimi-yey, olib borib qamashdi. Ilgari aroqxo‘r edi. Keyin birdan machitga qatnab qoldi. Qandaydir varaqa tarqatayotganda ushlashibdi. Beshta bolasi bor odamga varaqa tarqatishga balo bormi?

-Eringiz mana shunaqa odamlar haqida eshitib joni halqumiga kelib, kurash boshlagandur-da,-dedi Lobar degan qiz.

-Bular bilan kurashib bo‘ladi-mi? Bular Xudoning balosi. Bularga Xudo bas kelmasa bandasi hech narsa qila olmaydi. Tepasida poshshoning qizi turgan bo‘lsa, bularga kimning ham tishi o‘tardi?

-Man oldin hamma balo Karimovdan kelmaydi, deb o‘ylar edim. Keyin bilsam Karimov ham shularning bittasi ekan.

-Lekin bunchalik emas, beshta bolasi bor ayolni olib borib, barzangiday arabning to‘shagiga yotqizib, pul ishla, deb Karimov aytmaydi-ku? U bilib qolsa, bularni jazolab tashlaydi.

 -E, jazolasa qizini jazolar edi. Ana shu bizlarni olib kelganlarning hammasi Durdonaga ishlar ekan. Manga Firdavsning o‘zi aytgandi.

-Ha, baliq boshidan sasiydi. Qizi qilgan ishni otasi bilmaydimi? Biladi. Yo qizidan qo‘rqadi yoki shunday qilishiga qo‘yib bergan. Ammo qiz o‘lgurning o‘zini ham Xudoning balosi deyishadi. Sakkizoyoq kabi o‘zini hamma tomonga urgan va sakkkiz xil rangda tovlanib, o‘ljasini yemasa qo‘ymas ekan…

Nilufar bu ayolarga ham rahmi kelar, ham hayron qolar edi. Negadir ular shunday katta dardni bir chetga surib, hangoma qilishayotgan edilar. Bu nima? Taqdirga tan berishmi? Bo‘layotgan voqealarning hammasi Xudoning ishi deb indamay o‘tiraverishmi? Axir bittasining beshta bolasi bor ekan? Ular nima bo‘ldi, deb o‘ylamasdan boshqa narsalar haqida gaplashib o‘tiribdi. Yana bittasi maktabda o‘qituvchi ekan. Qanday qilib bolalarning yuziga qarayman, deb o‘ylamasdan yengil suhbatga qovushib o‘tiribdi. Balki inson fitrati shundaydir? Har qanday azobdan ustun kelib, eng qiyin pallada ham o‘zini yo‘qotmaslikka harakat qilar?

Yo‘q, bular aslida o‘sha katta dardni tushunib yetmoqdalar va uning ildizni izlamoqdalar. Mayni xumdon uzumni, zindon mardni pishitadi, deganlar. Lekin Nilufar hali bu gaplarni shunchaki suhbat deb o‘ylar edi.

-Singlim ko‘p ichikavermang,-dedi ayolardan biri unga.-Biz besh oydan beri shu yerdamiz. Sizga-ku endi bir oy bo‘libdi. Bizni mamlakatga jo‘natish uchun qonun yo‘q ekan. Yaqinda ikki mamlakat orasida shunaqa shartnoma tuzilgandan keyin jo‘natishar ekan. Ungacha boshqa yo‘limiz yo‘q. Xudoga shukur qiling, ana u barzangilardan qutuldik. Bu yerdagilarning hammasi sizga taqdirdosh. Hammamiz iflos to‘shakdan qochganlarmiz. Pullari ham, o‘zlari ham zormanda qolishsin. Ularga ham Xudoning bir balosi bordur? Axir tepadan ko‘rib turgandir? Bir kunmas, bir kun jazolarini berar.

Nilufarning bu ayollardan bitta farqi bor edi. Ular tezroq uylariga qaytishni istar edilar. Nilufar esa qaytmaslikni. Axir qaytib, qayerga boradi? Qayerga? Butun xorliklarni qayta boshdan yashashgami? Ana shu savol unga tinchlik bermasdi.

-Bizning mamlakatga yuborishlariga qonun yo‘q ekan deyapsiz, boshqa joyga ham yuborishmaydimi?-deb so‘radi bir kuni u ayollardan.

-Agar men boshqa joydanman, deb aytganingizda yuborishar edi. Agar boshqa bir mamlakatda qarindoshlaringiz bo‘lsa, aytsangiz o‘sha yoqqa yuborishadi. Hali ham men o‘sha yerdanman, qo‘rqqanimdan boshqa gap aytgan edim, desangiz bularga nima, siz hujjatsiz bir odamsiz, ishonmasdan ilojlari yo‘q…

Nilufar shundan keyin tarjimon orqali o‘zini asli afg‘onistonlik o‘zbeklardan deb ayttirdi. Ayollar aytgandek, darhol vaziyat o‘zgardi. Uni boshqa zindonga tashlashdi. Endi bu yerda ahvol o‘zgacha ekan. Kun bo‘yi ayollar faqat Qurʼon o‘qishar, tilovat qilishar, suhbatlari ham hadislaru diniy rivoyatlarni takrorlash ekan. Shu yerda u bir qunduzlik ayol bilan tanishdi. Ota bobosi Qashqadaryodan ekan. Ruslar bosib kelgan paytda Amu daryoning narigi tomoniga o‘tib ketishgan ekan. Keyin ruslar Afg‘onistonga bosib kirganda Fotima ismli bu ayol eri bilan Eronga qochib ketibdi. U yerdan ham qochib, Hollandiyaga borib, boshpana olishibdi. U yerda bola chaqalari bor ekan. Eri bilan Dubayga kelib tijorat qilishar ekan. Eri shu yerda tolibonchilarga qo‘shilib qolibdi.

-Toliblarning orasida Vatandan kelganlar ham bor ekan, juda ko‘p ekan, oilalari va bolalarini ham olib o‘tishgan ekan…,-dedi Fotima.

Fotimaning eri ishni unga tashlab, o‘zi Afg‘onistonga ketibdi.

-Bolalaringiz qayerda?-deb so‘radi Nilufar.

-Bolalardan kuydik. Biz borgan mamlakatda hamma narsa bor ekanu ammo bolalarni saqlab qolish mumkin emas ekan. Ikkita bolamiz bor edi. Bittasi dod-voyimziga qaramay nemisga uylanib ketdi. Xotini yomon chiqdi. Biz bilan uchrashtirmay qo‘ydi. Ikinchisi ham o‘g‘il edi. U nashavand bo‘lib qoldi. Shundan keyin tijoratni bahona qilib, bu yerlarga keldik. Erim toliblarga qo‘shilib ketdi. Ishi yaxshi. Hozir Kobulda, unga katta ish berishgan.

-Siz nega bu yerdasiz?

-Ayol yolg‘iz qolmasin ekan. Darhol boshiga balo yog‘iladi. Bittasi ko‘z olaytirgan edi, qo‘limdagi idish bilan urib yuboribman, ko‘zi ozgina lat yedi-yu ammo o‘zi yer yutgur mirshablardan ekan. Zindonga tiqishdi. Hollandiyadan ekanligimni aytmadim. Afg‘onistondanman, dedim. Bugun erta jo‘natib yuborishadi. Erim oraga kiribdi.

-Opajon meni ham olib keting, taniyman deng, qo‘shnim bo‘ladi, deng…

Ikki kun ichida Nilufar va Fotima rostdan ham opa-singildek bo‘lib qoldilar. Ular zindondan chiqib ketar ekanlar, Nilufar o‘zbekistonlik ayollar zindoniga kirib ketayotgan erkaklarni ko‘rib qoldi, tanidi, Olimjon, “laʼnati” deb baqirdi, ammo tovushi chiqmadi, o‘sha tomonga yugurmoqchi edi, qunduzlik o‘zbek dunonasi tortib qoldi…

Shu bilan Nilufarning Afg‘oniston hayoti boshlandi. Fotimaning eri hukumatda ishlab, sobiq Sho‘ro mamlakatlaridan kelganlar bilan shug‘ullanar ekan. Nilufar tez orada o‘zbekistonliklar bilan tanishdi. Nilufardagi qasos hissi hammani hayratga soldi. Hatto uni josus qilib yuborishgan ham deb o‘ylashdi. Lekin bittasi to‘rtinchi xotin qilib oldi.

O‘N TO‘RTINCHI BOB

Nilufar  Fotima bilan Kobuldan Qunduzga keldi. Bu yerda Yosir degan bir yigit bilan tanishdi. U O‘zbekistondan kelgan jangarilarning tarixchisi ekan. Lekin nogiron bo‘lgani uchun unga diqqat qilishmagan. Ikki oyog‘i shal bo‘lib qolgan. U uydan chiqmay yotgani uchun ham hech kimning diqqatini tortmagan. Ammo bilmagan narsasi yo‘q. Nilufarning dunyoqarshini ana shu yigit ochdi. U asli shoir ekan. Avval Avropaga ketib, u yerlarda o‘zbek shoiri deb nom chiqaribdi. Keyin tasodiflar tufayli bu yerga kelib jangarilarga qo‘shilibdi. Hatto o‘zbek jangarilarining kurashi haqida film ham qilgan ekan.

Yarador bo‘lib oyoqlari ishlamay qolgach, bir kampirning uyida qolib ketibdi va uning holidan hech kim xabar ham olmabdi. Kampir Fotimaning xolasi. Birov so‘rasa, Yosirni nevaram, Hollandiyada tug‘ilgan, xasta bo‘lgani uchun olib kelganman, deydi.

Yosir O‘zbekistondagi vaziyat, Karimov va uning atrofidagilar haqida Nilufarga har kuni gapirib berar edi.

-Xorazmlik bir keksa xolaning to‘rta o‘g‘lini qamab yubordi. Ikkitasiga otish hukmi berdi. Gunohi-namoz o‘qigani. Bechora ayol radiolarda gapira boshlagandi, o‘zini ham qamab qo‘ydi…

-Ayollarga rahmi kelmaydimi?-so‘radi Nilufar.

-To‘laganova degan deputat ayol unga qarshi gapirgandi. Yo‘qotib yubordi. Ro‘zimurodov degan deputatni ham o‘ldirtirdi. Qo‘qonov, Jo‘rayev deganlarini umrbod qamoqqa solib qo‘ydi. Xotin-xalajlari nonsiz, pulsiz qoldilar. Ming-minglab odamlarni qamab tashladi va ayollariga rahm qilmadi.

-Nega qamaydi?

-Qo‘rqadi, o‘g‘ri ola ipni ham ilon deb sakrab qochgani kabi u ham hamma narsadan qo‘rqadi.

Har kungi ana shunday suhbatlar Nilufarning yuragidagi nafrat va qasos hissini kuchlantirib yubordi. Shu orada Yosirning huzuriga baʼzi odamlar kelib-keta boshladilar. Ulardan biri uning qishlog‘idan ekan. Ikkinchisi esa, xorijda tanishgan do‘sti. Ular Yosir bilan soatlab gaplashishar edi. Kampir yoki Nilufar ular haqida so‘rab qolishsa, Yosir kitobi chiqishini va ular tarjimonu noshir ekanligini aytardi.

Rostdan ham bir kun ular Yosirning sheʼrlar to‘plamini nashr etib, olib kelishdi va anchagina pul ham berib ketishdi. Shundan keyin Yosir Nilufarni O‘zbekistonga boradigan odamlar bilan tanishtirdi. Ular Nilufarni xudkushlikka o‘rgatishdi…

Bir kun yo‘lga chiqib, osongina Toshkentga kelishdi. Nilufar hech hayajonlanmasdi. Qasos olsam, bas, der edi. Toshkentda bir xonadonda uning vujudiga portlatgichlar taqishdi va bir yigitning mashinasida yo‘lga chiqishdi. Bahor kunlari bo‘lgani uchun uning diqqatini gullagan daraxtlar tortdi va yuragi hapqirib ketdi.

Tibbiyot oliygohiga qatnagan kunlari ko‘z oldiga keldi. Faqat bitta orzusi bor edi. U ham bo‘lsa oq xalat kiyib yurish. Birinchi marta oq xalat kiygan kuni shu qadar ham sevingan edi-ki, go‘yo butun dunyo uning mulkiga aylangandi. Men endi odamlarning xaloskoriman, deb o‘ylagandi o‘shanda. Xastalarni davolayman, o‘lim bilan yuzma-yuz qolganlarni qutqarish choralarini ko‘raman. Odamlarning dardiga malham bo‘laman… Lekin orzularining hammasi chil-parchin bo‘ldi. Odamlarning hayotini qutqarish uchun yo‘lga chiqib, mana endi ularning jonini olish uchun borayapti. Nahotki hayot insonni shunchlik tez suratda u qirg‘oqdan bu qirg‘oqqa uloqtiradi. Nima gunoh qildim? Qayerda adashdim? Agar adashgan bo‘lsam, nega yo‘l ko‘rsatadigan bo‘lmadi?

Uning ko‘zi birdan bekatdagi bolalarga tushdi. Bir ayolning har tomonidan tutib olishgan. Biri etagiga osilgan, biri qo‘lidan tutgan, yana biri… mashina yeldek uchib o‘tgani uchun u yana birini ko‘ra olmadi. Balki u onasining ortida edi. Bolaligini esladi. Doim onasining ortida yurar edi. Onasi uni erkalatib “Kelayapsanmi, dum” der edi. Bu gapni onasi aytsa, yoqardi. Ammo otasi aytsa, negadir jahli chiqardi. Bechoralar…. farzand katta qilib, nima oldingiz? Boshqalar-chi? Nega ularning boshiga ham farzandlari tufayli olamning dardi yog‘ilmoqda?

Prezidentning o‘zi ota-onalar bolalari uchun javobgar emas, deb aytgan ekan. Keyin chiqib so‘zini o‘zgartirib, ular javogar, debdi. Bitta odam butun xalqni istagani kabi qanday qilib boshqarmoqda? Uning qudratli kuchi bormi? Nima uchun odamlar unga qarshi chiqa olmaydilar? Jonlari shuncha shirinmi? Mana menga hayotning qizig‘i qolmadi. Ularga-chi? Tahqir, qiynoq va qiyinchiliklarga o‘rganib qoldilarmi?

Ko‘zi yana daraxtlarga tushdi. Gullagan daraxtlarni ko‘rganda qalbiga sevinch inardi. Bolaligida gullagan daraxtlar ostida qiyqirib yurganlarini eslardi. Hozir esa, daraxt gullari o‘likdek tuyulmoqda. Jonsiz gullar… Aslida gullar jonli emas… Agar sen jonli bo‘lsang, ular ham jonli… sen sevinsang ular ham senga sevinch bergandek bo‘ladilar… Aslida esa ular o‘lik!

Birdan uning ko‘zi “Markaziy univermag” degan yozuvga tushdi. Bayramlar oldidan buvisining uyiga kelib, shu yerda tunab qolardi. Saharlab univermagga borishardi. Yaxshi narsa kelsa odamlar turnaqator bo‘lishardi. Baʼzan nima sotilishini bilmasalar ham navbatda turaverardilar. Buvisidan “Nima sotishar ekan”, deb so‘rasa, “ Yaxshi narsa” degan javob olardi. Ana shu yaxshi narsa baʼzan savil qolgur narsa bo‘lib chiqardi va kutganlari behudaga ketardi.

Qarshida Ko‘kaltosh madrasasi, orqasida Eski Juva bozori. Sal narida “Bolalar dunyosi” do‘koni. Orqadagi yo‘ldan tepaga ko‘tarilsa, buvisining uyiga boradi.

Nilufarning vujudida sog‘inch, ayriqliq azoblari kamsitilish va xo‘rlanish tuyg‘ulariga qo‘shilib, ko‘z yoshiga aylandi. Uning qachonlardir muzga aylangan qalbi birdan erigan edi. Qurib qolgan ko‘zlariga bir necha yildan keyin ilk bor namlik ingandi. Negadir u mashinaning ichida cho‘kib borayotgandek his qildi o‘zini. Atrofga alanglab qaragancha, boshidagi hijobini peshanasiga yaqinroq tortardi. Xuddi hozir hamma uni tanib qolib, “Ana Nilufar!” deb baqiradigandek bir holatni his qildi.

Shu payt mashina to‘xtadi va shofer yigit׃

-Men hozir bir zumga, ana u yerda do‘stlarim turgan ekan, bir salomlashib olaman, keyin aytilgan manzilga boramiz,-deb mashinani avtobus bekatiga yaqin joyda to‘xtatib, Ko‘kaltosh madrasasi tomonga yurdi. U borib uch kishi bilan quchoqlashib ko‘rishdi.

Nilufar ularni tanidi. Bittasi Nodirxon. Yonidagisi Yo‘lbars, uning yonida esa Alisher… Nilufarning ichidan bir faryod otilib, bo‘g‘ziga tiqildi. Necha yillik qasosning vaqti birdan kelib qolgandi. “Xudoyim, shunday moʻjizalar ko‘rsatasan-ki, bandalaring lol qoladi!” U ko‘kragini siypalab tugmachani topdi-da, mashinadan tushib, Nodirxonlar turgan tomonga yugura boshladi. Shu payt birdan portlab ketdi. Atrofga qon sachradi… qip-qizil qon…

-Axmoq, asosiy tugmacha menda ekanligini bilmasdi,-dedi uni olib kelgan yigit.

-Bo‘pti, qolganini keyin gaplashamiz, ketdik,-deya ular “Markaziy univermag” tomonga o‘tib, yengil mashinaga minishdi.

Hamma har tomonga qochar ekan, Nodirxon mashinani shoh yo‘lga burib, yigitlarga׃

-Kattaga aytib, xorijdan tekshiruvchi chaqirsak, iz chiqmaydimi?-dedi.

-Pasporti ham yonida. Mashinada esa qamoqdan qochirilgan mullaning izlari bor, portlatgichlar ham naryoqdan keltirilgan,-dedi ulardan biri…

O‘N BESHINCHI BOB

1992 yil edi. Talabalar shaharchasida amalga oshirilgan amaliyot natijalari haqida gaplashib o‘tirar ekan Karimov maslahatchisi Alimovdan׃

-Yangi tashkilotni tuzish qanday ketayapti,-deb so‘radi.

-Toshkentda bitgan, bilasiz. Samarqandda ham tuzib bo‘ldik. Hozir Namanganda ham ishlar nihoyalab qoldi. Yil oxiriga qadar Jizzaxda ham bitadi…

-Tezlashtirlaring. Nomini ham o‘ylalaring. Haligi mufti bilan Qozi aytgan gaplarni qarab chiqdingmi? Tarixda tasdig‘i bor ekanmi?

-Qarab chiqdim. Bor ekan.

-Assasin degan so‘z qayerdan kelgan ekan?

-Bu hashshoshiylar degani ekan. Hashshoshiylar arabchada hashish chekuvchilar degani. Bugungi iboramiz bilan giyohvandlardir. Bu so‘z dunyoda assassinga aylanib, odam o‘ldiruvchi, suiqasdchi, qotil maʼnosiga kelib qolgan. Chunki tarixda ismoiliylar oqimiga mansub yashirin tarzda ish olib borgan guruh ham Hashshoshiylar oqimi deb bilingan. Bu oqim o‘n birinchi asr oxirlarida Eronda ismoiliy harakati orasida chiqqan nizolar va bo‘linish tufayli paydo bo‘lgan. Bu oqimning asoschisi deb Hasan ibn Sabboh bilinadi. U Eronning shimoliy qismida Alamut qalʼasini bunyod etib, o‘sha yerda odam o‘ldiruvchilarni yetishtirgan. Ularni “fidoyilar” deb atagan. Bugun ham xudkushlar, qatliomchilar, odam o‘ldiruvchi suiqasdchilarni ko‘pgina mamlakatlarda fidoyilar deyishadi. Iroqda Saddam Husayn paytida hato davlat tizimida fidoyilar boshqarmasi tuzilgan…

-Saddamdan boshqasi qo‘llamagan-mi?

-Qo‘llagan. Hashshoshiylar harakati Livan, Suriyadan boshlab Hindistonga qadar uzangan kenglikda siyosiy raqiblarni o‘ldirishda hokimiyatlar tomonidan qo‘llanilib kelingan. O‘rta Osiyoda qarmatlar harakati bilan birgalikda ish ko‘rishgan.

-Qarmatlaring nimasi?

-Bu ham ismoiliylarning bitta oqimi. Bu dehqonlar, hunarmandlar tomonidan tuzilgan. Ular abbosiylarga qarshi kurashishga qadar ko‘tarilganlar. Ular tenglikni targ‘ib qilishgan. Islom odatlariga rioya qilmaganlar. Shariatni tan olishmagan. Biz musulmonmiz, deyishgan, ammo machitlari bo‘lmagan. Hatto Kaʼbai mukarramani, u yerdagi toshni ham bidʼat deb bilishgan. Ular hajga borganlarni ushlab o‘ldirganlar. Makkaga hujum qilib turishgan. Bahraynda o‘z davlatlarini ham tuzishgan. Hatto Makkaga hujum qilib, u yergi Qora toshni parchalab, olib ketganlar. Shundan keyin xalqning ixlosi qaytgan, ulardan. Yigirma yildan keyin qaytarib berishgan…

Bizda ham bir qator din peshvolari oddiy qashshoq xalq orasidan yetishtirilgan assassinlar orqali hukmdorlarni nazorat qilib turganlar yoki yo‘qotganlar. Sarbadorlar qo‘zg‘oloni ortida ham qarmatlar turgani aytiladi.

-Qarmatlaringni bir chetga qo‘y. Assassinlardan gapir!

-Nafaqat musulmon mamlakatlari, balki Avropadagi bir qator mamlakat rahbarlari ham hashshoshiylardan qo‘rqib, ularga boj to‘lab turganlar. 13-asrda mo‘g‘ullarning yurishi paytida Hashshoshiylar harakati Eronda boshqaruvdan tushirilgan bo‘lsa-da, keyinchalik ham turli mamlakatlarda turli ko‘rinishlarda yashagan. Hatto bugunga qadar ham bir qator davlatlarning maxfiy xizmatlari bu tajribani o‘zlariga kurashning yo‘li sifatida qabul qilib, maxfiy xizmatlar tarkibida suiqasdchilar guruhlarini tuzganlar

-Buni SSSR paytida ham qo‘llanishgan, shekilli,-dedi Karimov.

Maslahatchi qo‘lidagi daftarni varaqlab, nutq irod qilgan kabi davom etdi׃

-1927 yilda Stalin maxsus qaror qabul qilgan. OGPU tarkibida shunday guruh tuzilgan. Dastlab xorijga qochgan mashhur razvedkachilar Ignatiy Reys, Valter Kriviskiy va Georgiy Agabekov shu bilan yo‘qotilgan. Bu esa mazkur harakatning ikinchi yo‘lini ochdi. Siyosiy dushmanlarni yo‘qotish ham shu harakatning gardaniga yuklangan. Qochib ketgan generallar Aleksandr Kutepov va Yevgeniy Millerni ushlab kelib, o‘ldirgandan keyin Stalin shaxsiy raqiblarini yo‘qotish uchun ham assassinlarni ishga solgan. Ukraina millliyatchilari Yevgeniy Konovals, Lev Rebet va Stepan Banderalardan so‘ng Troskiy bilan davom etgan bu ish Hafizullo Aminni yo‘qotishga qadar yetib keldi. Esingizda bo‘lsa bu guruhga “Alfa” deb nom berishgan.

-“Alfa”… “Assassin”… bir-biriga yaqin nomlar…

-Ayni usulni Isroil va Turkiya maxsus xizmatlari ham qo‘llanishgan.

-Lenin va Kirovni otishda ham shu tajribaga bosh urilgan bo‘lishi mumkin,-dedi Karimov.-Biz baribir hali rasmiylashtirmay turaylik. Keyinchalik rasmiy tus beramiz. Nomini topishimiz kerak. Balki huquq tartibot idoralarining hamma ishini shu yo‘nalishda qayta tashkil etarmiz. Biz boshqalarning tajribasini o‘rganish bilan birga, o‘z sharoitimizdan kelib chiqib, ish qilishimiz kerak. Turkiyaning rasmiy tajribasi va milliyatchi harakatlarining uzoq yillik suiqasd amaliyotlarini ham o‘rganish kerak. Turkiyaga talabalarni o‘qishga yuboraylik, yoshlarning zehni o‘tkir bo‘ladi, milliyatchi harakatlarga yaqinlashib, bu usullarning qanday bajarilishini o‘rgansinlar. Xullas, shunday bo‘lishi kerak-ki, bu borada faqat mening amrim bilan ish qilinishi shart. Hatto sen ham tashqarida turishing kerak.

-Albatta, biz sizning xizmatkoringiz va faqat ishni tashkil qilib, o‘zimiz chetda turamiz.

-Chetda turish bo‘lmaydi. Ichida bo‘lasan, ammo amr mendan bo‘lmaguncha o‘zboshimchalik qilmaysanlar! Mayda-chuyda ishlarga aralashmasdan, katta narsalarni rejalash kerak. Besh yilda bir marta bo‘lsa ham taʼsiri o‘n yilga qadar foyda beradigan ishlar uchun amaliyotlar qilish mumkin.

Oradan yillar o‘tdi. Karimov Hamidxonni o‘z gvardiyasiga rahbar qilib oldi.  Bir kun to‘satdan uning yozuviga ko‘zi tushdi. Juda tanish husnixat. Darrov Almatovni qidirdi va o‘zi sakkiz yil asragan xat bilan Hamidxonning yozuvini solishtirishni buyurdi.

Hamidxon qochib ketibdi, degan gap tarqaldi. Karimov g‘azab otiga mindi. Ammo Almatov yana ham muhimroq ishni bajarayotgani uchun unga indamadi.

O‘N OLTINCHI BOB

2005 yilning yo bahori.  Durdona otasini qo‘lga olgan va har kuni televizordan qo‘shiq aytar edi.

-Ovozingizga mahliyo bo‘ldim,-dedi unga qo‘ng‘iroq qilgan Rus maxfiy xizmatining boshlig‘i.

-Rahmat!  Andijon bo‘yichami?

-Bunaqa gaplarni telefonda gaplashmang, jonim!

-Qo‘rqadigan joyimiz yo‘q. Eshitganlar eshitaversin, zamon zamon bizning zamon!

Durdona shunday deb telefon go‘shagini joyiga qo‘yib, deraza tomonga yurdi. Urusga katta gapirgan bo‘lsa-da negadir ko‘ngli xira tortdi. Otasi keksayib qoldi. Hokimiyat qo‘liga qo‘nishi mumkin. Ammo uddalay olmasligi aniq. Menimcha, oldimda ikki yo‘l bo‘ladi. Yo hokimiyatni qo‘lga olishim kerak, yoki o‘z odamlarimdan biriga olib berishim lozim. Lekin ikki holda ham oxiri yaxshilikka bormaydi. Ey, Xudo otamga uzoq umr ber!

U hali yaqindagina otasining o‘limini tilar edi. Birdan unga umr so‘ray boshladi. Otam boshqa bittasiga topshirsa-chi? Qayoqqa ketaman? Ruslarni ishga solishdan oldin ana shu savolarga javob topishim kerak.

Shu payt qizchasi yugurib keldi. Unga qarab Durdona׃

-Bor bobongni erkalat, o‘lib qolmasin tag‘in!-dedi.

U o‘zi otaliqqa olgan gazetaning yubileyiga borishi kerakligini esladi.

Yubileyni bog‘da tashkil qilishgan ekan. Yubileyga borishdan oldin bozorga borib, odamlarning o‘ziga munosabati qanday bo‘lishini aniqlashni ko‘ngliga tuydi.

-Oloy bozoriga hayda,-dedi u qo‘riqchisiga mashina kalitini uzatar ekan.

-Boradigan joyimiz Beshyog‘ochda-ku..

-Bozordan gul olamiz…

-Hadyalar tayyor. Ularga oddiy gul kerak emas, mana sizning o‘zingiz ular uchun haqiqiy gul, sizni ko‘rsalar boshlari osmonga yetadi…

Xullas, u bozorga keldi. Qo‘riqchilar uning harakatlaridan shoshib qolishdi. Durdona mashinadan tushib, bozorga qarab bir odim otishi bilan atrofini odamlar o‘rab olishdi.

“Durdona opa, har kun eshitayapmiz, juda zo‘r! Yangilarini ham kutayapmiz!”

“Qoyilman, poshshoning qizi bo‘lsangiz ham xalqning orasidasiz!”

“Ruxsat bering. Qo‘lingizni bir marta o‘pay!”

“Aylanib ketay qoqindik, bo‘ylaringdan aylanay, Xudoyimga shukurlar, seni ko‘rish nasib etdi…”

Odamlar shunaqa gaplarni topib aytishardi-ki, chetdan qaragan odam bu olomon bir necha oy tayyorgarlikdan o‘tgan deb o‘ylardi.

Durdona bozorni bir aylanib chiqqanicha ikki soat vaqt ketdi. Odamlar xuddi oy yerga tushgan kabi sevinar edilar. U qayoqqa yursa, o‘sha tomonga borishardi. Butun bozorda savdo to‘xtab qoldi va hamma Durdonani ko‘rishga, unga nimadir deb gapirishga, uning tabassumiga mahliyo bo‘lishga oshiqardi.

“Bizni tanqid qilayotganlar mana kelib ko‘rishsin, xalq kim tomonida?” deb o‘yladi Durdona va gazetachilarning yubileyiga keldi. U butun hayoti davomida eshitmagan iliq gaplarni ana shu yerda eshitdi. Hatto unga bag‘ishlab sheʼrlar ham yozib kelishibdi. Jurnalistlardan bittasi׃

-Qizimga sizning ismingizni qo‘ydim. Qani og‘ziga bir tupurib bering, u ham sizga o‘xshagan dunyo malikasi bo‘lsin!-dedi.

Durdona nima qilarini bilmay qoldi. Shunda Bosh muharrir uning yoniga yaqinlashib

-Bu shunchaki odat, tupurish kerak emas, “tup” desangiz bas,-dedi.

Durdona bu odamlar dunyoning eng baxtiyor odamlari va ularni mana shunday baxtiyor qilgan bizmiz, degan his bilan uyiga qaytdi. Ammo uyiga yaqinlashar ekan, bolasiga otasining ismini qo‘yganlardan qanchasi hozir unga qarshi ekanligini esladi. Buning ustiga uyiga kirsa, qizi Internet tugmasini bosgan va gumburlab eshitilayotgan qo‘shiqni tinglab, raqsga tushardi….

“Butun kuchni xalq ichidan olaylik!…

Quchoq ochib xalq ichiga boraylik…

Xalq dengizdur…..

Xalq-isyon…”

“Boramiz! Boramiz! Xalqning ichiga, Andijonda ko‘rasan buni! Otangni himoya qilgan vatani – Amerikaning Xonoboddagi bazasini Andijondan turib uchirtiraman!”

U xuddi xayolini kimdir uqib turganini sezgandek atrofga alangladi. Hech kimni ko‘rmadi. Ammo burchakdan Hamidxon chiqib keldi. U seskanib ketdi. Keyin “jim” degandek, qizini ko‘rsatib, barmog‘ini labiga bosdi. Qo‘shni xonaga o‘tdilar. U yerda Karimov va Moskvadan kelgan mehmon o‘tirishgandi.

Salomlashar ekan:

-Telefonda gaplashib bo‘lmaydigan gaplarni mana yuzma-yuz gaplashayapmiz,-dedi mehmon.

-Andijonni Almatov bilan Hamidixonga topshirdik, ikkalasi eplaydi, Hamidxonni kechirdim. Xatni esa, Rasulbek yozdirgan ekan… Qolaversa, mehmonning iltimosini yerda qoldirmadik… Sen aralashib yurmasang ham bo‘ladi,-dedi Karimov.

-Xat, qanaqa xat?-dedi Durdona.

-Ha, sen bilasan debman, bilmasmiding? Volodya senga aytgan bo‘lsa kerak, deb o‘ylabman,-dedi Karimov ayyorona qarash bilan.

Durdona qizarib ketdi va Volodyaga razm soldi. U  shunchaki bosh irg‘ab qo‘ydi.

-Bor, qizingga ayt, tuzukroq narsa eshitsin,-dedi Karimov va Hamidxonga qaradi. Hamidxon darhol konyakdan quydi…

Vashington, 2006.

 

 

 

Жаҳонгир  Муҳаммад

Тарихий роман

Қотил

 

 

БИРИНЧИ БОБ

Рустам Абдусоли қорининг жавобларидан қониқмади ва саволини қайта ёзиб, ўтирганлар орқали унга йўллади. Қори одати бўйича дарсдан кейин саҳобалардан бирининг ҳаёти ҳақида ҳикоя қилар ва вақт қолса, саволларга жавоб берарди. У Рустамнинг саволини ўқиди:

“Агар Оллоҳ ҳамма нарсани кўриб турган бўлса, бечораларнинг қонини ичаётган милитсияни нега жазоламайди?”

Абдусоли қорининг юзи тунлашди. Аммо жаҳли чиққанини билдирмади. У сал нарсага қизиб кетмайдиган, заковатли одам бўлсада, бу сафар жаҳлини яширмади:

-Бу савол кеча ҳам берилган эди. Овоз чиқариб ўқимагандим. Олдинги кун ҳам берилганди ва унда ҳам ўқимасдан жавоб билан кифоялангандим. Такрор айтаман.

Аллоҳ зулмни ҳаром қилган ва бу ҳақда пайғамбаримиз(с.а.в.) орқали бизга етиб келган ҳадислар бор. Зулм қилганлар зулм топадилар, ажрдан маҳрум бўладилар.

Биз вақтимизни мана шундай нарёғи аниқ бўлган бу ёғи эса ширкка олиб борадиган саволларга сарфласак, кўп нарсани ўрганмай қоламиз. Иймонни, эътиқодни мустаҳкамланг, ҳамма нарса ўзи аён бўлиб қолади. Бунинг устига деворнинг ҳам қулоғи бор,-деди.

Қачонгача деворнинг қулоғидан қўрқамиз?, деб ўйлади Рустам.

Худди унинг фикрини ўқиб олгандек, Абдусоли қори қўшимча қилди:

-Мана бунинг натижасида, биродарлар, бизнинг диёримизда Исломнинг асосий саҳиҳ ҳадисларини билмаслик вужудга келди. Такрор айтаман, бу нарса ўз-ўзидан вужудга келиб қолгани йўқ. Ажойиб бир уламоларнинг қатл қилиниб, йўқотиб ташланишлиги натижасида вужудга келди. Аллоҳ субҳоноҳу таолонинг раҳмати бўлсин шу шаҳид бўлган, аши уламоларга. Биз бугун ўтганлардан сабоқ олайлик.

Кўр кўз билан эмас, очиқ кўз билан юрайлик!

“Домла мени кўр деяптилар. Демак, ҳали кўп нарсани билмайди деяптилар. Билмаслигим мумкин, аммо ана шу билмаганларимга қаердан жавоб топай? Нега

Худо синов учун бизни танлади? Шундай деса, “Биз унинг севган бандалари, у севган бандаларини синайди” дейдилар. Лекин адолатчи? Ким адолат ўрнатади?

Агар Худо адолат ўрнатишни бизнинг ўзимизга ташлаб қўйган бўлса, нега девордан қўрқишимиз, нега ўзимизни кўр деб фараз қилишимиз керак?”

Рустам калласига келган фикрлардан чўчиб кетди. Йўқ, уни фикрлар уйқусидан уйғотган қорининг сўзлари эди.

-Ширкка йўл берманг. Мана, бир подшоҳни олиб кўринг. У кўп нарсани, кўп жиноятчиларни авф этиши мумкин. Аммо ўзига ғалаён қилганни ҳеч кечирмайди.

Ширк Аллоҳ субҳоноҳу таоллога ғалаён қилишдир. Бу кечирилмайди. Шунинг учун ҳам Аллоҳ субҳоноҳу таолло ғаюрдир. Биласиз, Саад разияллоҳу анҳу ниҳоятда ғаюр саҳобалардан эди. Унга бир куни савол беришади:

-Мабодо оилангиз билан бир ажнабий эркакни топиб олсангиз, нима қиласиз?

-Агар улар бирга ўтирган бўлсалар қатл қиламан,-деб жавоб бердилар. Шунда саҳобалар “Сааднинг ғайратини қаранглар” деганларида Пайғамбаримиз (с.а.в.)

“Саад ғаюр. Ман ундан ҳам ғаюрман, Аллоҳ эса мандан ҳам ғаюр. Шунинг учун бузуқ ишларни бандаларининг ўртасида ҳаром қилди”, дедилар. Яъни Аллоҳга ғалаён қилиш бу ниҳоят даражада катта гуноҳдир. Шунинг учун ҳам Аллоҳ кечирмайди буни.

Бу Рустамга оғир ботди. У шу билан Абдусоли қорининг дарсларига қатнамай қўйди. У илгари қори ҳақида кўп эшитган ва жавобсиз саволларга фақат шу ердагина жавоб топиши мумкинлигига ишониб, қўшни вилоятдан бу ерга келиб, ижарада яшаётган эди.

Рустамнинг отаси Қорабой ака Совет даври тугаб бораётган йилларда мухолифатнинг кўзга кўринган намояндаси эди. Аввал Ўзбек тили давлат тили бўлсин, дея курашди. Кейин табиатни асрайлик, дея югурди. Мустақиллик шамоли эса бошлаганда адолатли бир давлат қуриш учун курашди. Аммо у мухолифатдагилар билан келиша олмади. Бир куни уйига дўстлари келганда Рустам ҳам суҳбатга қулоқ тутди.

-Кўзларингизни очинглар,-деди Қорабой ака,-МХХ орамизга жосусларни тиқиб ташлаган. Ким билади, шу ерда ҳам биттамиз айғоқчи бўлишимиз мумкин.

Қорабой аканинг дўстлари хафа бўлишди.

-Боримиз шу, биримиз-айғоқчи, биримиз-жосус, биримиз-иғвогар,  яна биримиз-туҳматчи, лекин ким бўлсак ҳам бугун бирлашмасак, тасодифан мустақил бўлган

давлатимиз мафиянинг қўлига ўтиб кетади,-деди улардан бири.

-Агар биз ҳам сиз айтган каби одамлар бўлсак, мафиядан нима фарқимиз бор, ёки ҳокимият учун икки мафия ўртасида жанг бўладими?-дея кесатди яна бири.

-Балки мен хато гапирдим, ёки фикримни тўғри ифодалай олмадим, лекин ҳушёр бўлишимиз керак, ҳар кимга ҳам ишонмаслигимиз зарур, ҳар бир янги одам ким эканлигини текшириб чиқишимиз шарт,-деди Қорабой ака.

-Бу аҳволда Сталиндан, бериячилардан фарқимиз қолмайдику!

Охири улар даҳанаки жангга боришди. Кейин улардан бири отасининг ёқасидан олди ва уни хоинликда айблади ҳамда:

-Тупурдим дастурхонингга,-дея ўрнидан туриб кетди.

Шундан кейин қолганлар ҳам отасини камситиб, чиқиб кетдилар. Қорабой ака узоқ вақт қимирламай ўтирди. Рустам аввалига отасини таҳқирлаган бу одамларга

камситиш қанақа бўлишини кўрсатиб қўймоқчи бўлди. Аммо ҳаммалари катта одамлар ва доим тортишиб, кейин яна ярашиб кетишларини билгани учун ўзини босди.

Отаси юрагини ғижимлаб ўтирарди. Бир пайт:

-Болам, “Тез ёрдам” чақирмасанг бўлмаяпти,- деди.

У касалхонада анча ётди. Дўстлари келиб, унинг кўнглини олган бўлдилар. Аммо Рустам уларни ёмон кўриб қолди. Бунинг устига отаси яримжон инсонга айланди.

Олдинги шижоатдан асар ҳам йўқ эди. Рустам маҳалла куйга чиқса, отасининг айғочи эканлиги, дўстларини мелисага сотиб тургани, шунинг учун четлаб қўйишгани каби туҳмат гапларни эшитиб қоларди. Демак, отам ҳам эшитаяпти бу гапларни ва шундан эзилаяпти, деб ўйларди.

Оила катта бўлмаса ҳам ташвиши катта эди. Ҳукумат ҳамма нарсани купонга боғлаб қўйганди. Дўконга вақтида борсангиз нарса келмаган бўлади, кейин борсангиз, вақт ўтган бўлади. Шу боис одамларга қўшилиб ҳар куни навбатда пойлашга тўғри келарди. Шу орада ҳукумат пул ўйинлари қилиб, жамғармалардаги у-бу нарсани ҳам бир парча қоғозга айлантириб юборди.

Қорабой ака мухолифат ишларидан четга чиқиб қолиб, жуда эзилди. Бир куни ҳовлини гаровга қўйиб, қарз олди ва ёнига икки ўғлини қўшиб, қўшни мамлакатлардан у-бу нарса келтириб сота бошлади. Мухолифатчидан савдогарга айланди. Ишлари юришди. Тадбиркорлик қилмоқчи бўлди. Бориб, гаплашиб, бозордан бир жой топди. У ерда  дўкон солишди. Онаси дўконда ўтирар, улар эса мол қидириб кетишарди.

Кейин Рустам қўшни Қирғизистон, Қозоғистонга қатнаб турса, отаси касал ҳолига Туркия, Араб Амирликларига бориб келиб турди. Дўкон катталашиб кетди. Одамлар унинг “жосус”лигини ҳам унутиб юборишди. Энди ҳамма Қорабой акани ҳурмат қиларди. Маҳаллада тўй ёки бир маросим бўлса, унинг маслаҳатини олишарди. Кимдир қарз сўраган, кимдир ошга чақирган…

Хуллас, Қорабой аканинг гапи билан айтганда “Бойнинг оёғини ялайдиган давр” бошланганди.

Бир кун мухолифатдаги эски дўстлари келиб, ёрдам сўрашди.

-Бераман, нега бермас эканман, халқимизнинг истиқлоли учун ҳамма пулимни ҳам бераман, лекин қаерга кетгани ҳақида менга ҳисоб берасизлар,-деди Қорабой ака. Бу гап эски дўстларига ёқмади.

-Кейин у ҳужжатни МХХда ўқиймизми?-деди улардан бири киноя билан.

-Бу нима деганинг?-Қорабой аканинг жаҳли чиқди.

-Агар сен МХХга ишламаганингда ишинг шундай ривожланиб кетмаслигини,

ўзинг чет элларга бориб-келолмаслигингни аҳмоқ ҳам билади,-деди улардан бири.- Биз аслида ёрдам сўраб эмас, ҳов уйингда айтган гапларинг иғво эканлигини юзингга айтиш учун келгандик.

Рустам бозорга яқин мачитга қатнаб қолганди. Намоздан кейин эса, Узоқ Шарқ санъати дея ҳар турли курашлар, уришиш йўлларини ўрганадиган тўгаракка ҳам ёзилганди. Шу боис унча-бунча одамга кучи етар эди. Отасининг собиқ дўстларини бир зумда дўкондан ташқарига чиқариб қўйди.

Эртасига дўконни “ОБХСС” деган бало босди. Бу милитсиянинг Совет даврида ҳамма ёққа даҳшат солган сотсиалистик мулкни қўриқлаш бўлими эди. Ўзбекистон мустақил бўлганига қарамай ҳали бу бошқарма “ҳақ”ини териб юрарди. Бу расмий қоидага айланганди. “Ҳақ” бермаган дўкончи мол-мулки билан йўқолиб кетарди.

Отаси бермайман, дер эди, аммо вақти келганда бошини эгиб “Рустам, об чиқиб бер, падарига лаънат!” дерди. Шу зайл улардан ҳам ойма-ой “ҳақ” олиб туришарди. Яна буни ўзларига эмас, тепадагилар учун теришаётганини албатта, қистириб ўтишарди. Ўша “ҳақ” терадиганлардан бири Рустамнинг қулоғига:

-Ташаббус биздан эмас, ана улардан чиқди,-дея МХХчиларни кўрсатди.

Отасини МХХчилар олиб кетишди. Рустамни эса милитсия идорасига олиб боришди.

Қирғизистонга нима учун боргани, кимлар билан учрашгани, отасининг чет элларда қандай алоқаси борлиги каби у жавоб тополмайдиган ёки “Билмайман” деб жавоб қилинадиган саволлар беришарди, фақат.

Аммо қамашмади. Тез-тез чақириб туришди. Аста-секин яхши муомала қиладиган бўлишди. Ҳатто бир-икки марта биргаликда овқатланишга олиб чиқишди. “Отангни чиқариб берамиз” деб топган-тутганларини олишди. Аммо отасидан дарак йўқ эди. Отаси ҳақида сўраса:

-Сўрамай қўя қогин, отанг халқ душмани экан, уни Тошканга об кетишган, гап орамизда қосин!-дейишарди.

Лекин у онаси, укаси билан отасини сўроқлашга киришди. МХХ идорасига боришса:

-Биз билмаймиз, балки милитсия билар?-дейишарди.

Милитсияга боришса, яхши кутиб олишар ва “Бу ерлардан қидириб юрманглар”, дейишарди.

Кейин улар Тошкентга боришди. Тақиллатмаган эшиклари қолмади, ҳамма ваъда беради, аммо ҳеч қандай амалий натижа йўқ эди. Охири улар отаси сўроқ пайтида ўлиб қолган бўлиши мумкин, деган хулосага ҳам боришди. Энди “Ҳеч бўлмаса ўлигини беринглар” деб ёлворадиган бўлишди. Вақт эса ўтиб кетаверар, инсон ташвишлар гирдобида чўкиб бораверар экан. Улар кейин отаси кўмилган жой учун ҳам рози бўлишди. Аммо…

Бир кун бориб Тошкентда президент идорасига кирмоқчи бўлишди. Қўйишмади.

Шундан кейин милисалар билан жанжаллашиб қолишди. Қайтиб келсалар, уйларини яна босишибди, тинтув қилиб, наша “топиб” кетишибди.

Энди Рустамнинг укасини ҳам олиб кетишди. Ундан ҳам дарак бўлмади. Онаси кун сайин чўкиб борди. Сочлари оқарди. Қадди букилди. Кўзларининг нури кетди ва бир кун ярим тунда уни чақирди:

-Болам, отангни жасадини топ, мени ёнимга кўм! Укангни қутқар, керак бўлса, ҳовлини ҳам сот!-дея олди онаси…

Рустам ҳайҳотдек ҳовлида бир ўзи қолди. Отасининг изини тополмайди. Укасининг қаердалигини айтишмайди. Ҳовлининг пули ҳам шу йўлга кетди. Милисалар уста экан. Шундай алдашади-ки, пулни олиб бориб берганингни ўзинг билмай қоласан.

Улар Рустамнинг наздида худди Ўзбекнинг орасидан чиққан эмас, балки бошқа сайёрадан Ўзбекни йўқотиш учун келган одамларга ўхшарди.

Бўлмаса нега бундай? Уларнинг ҳам отаси-онаси бормикан? Нега бундай қилишади? Инсофлари йўқми? Худодан қўрқмайдиларми? Улар аслида халқни ҳимоя қилишлари керак эмасми? Қонунларни биринчи галда ўзлари бузмоқдаларку?!

Уларни ким тартибга солади? Бу қандай жамият ўзи?

Унинг ана шундай саволлари кўп эди, аммо жавоб тополмасди.

Онасининг бир парча бўлиб қолган юзи эса кўз олдидан кетмайди.

Шундан кейин унинг жума кунларида мачитда берадиган саволлари кескинлашиб борди. Аввалига имомнинг жаҳли чиқди. Уни ширк келтираяпсан, дея яхши йўлга қайтишга ундашди. Кейин унга шубҳа билан қарай бошладилар. Ажратиб қўйишди. Давраларга олишмади. Бир куни “Агар Худо қараб турган бўлса, унинг шунча кучи бўлса, нега адолат ўрнатмайди? Унинг учун адолат ўрнатиш осон иш бўлса, қулларини нега бунча қийнайди? Ёки олимлар ҳайвонлар устида синов ўтказгани каби, Худо ҳам бизнинг устимизда синов ўтказиш учун яратганми? Нега Худога ишонмаганлар одамга ўхшаб яшайдилар? Нега ўғрилар, муттаҳамлар, каззоблар бой-бадавлат, тўкин-сочин яшайдилар, Худога ишонганлар эса ғариб ва қашшоқ? Нега?”, деб қалтис савол бериб қолди. Уни маст-аласт деб ўйлашди.

“Кофир”, дея ҳайқиришди. Отасининг “жосуслиги”ни тилга олишди. Кейин кавушини тўғирлаб қўйишди.

Шундан кейин мелисахонадаги танишларидан бири:

-Бизни ҳам жонимизга тегиб кетган, сенга ўхшаганларни кўрсак, юрагимиз қон

бўлади,-деди.

Шунда у, милисалар орасида ҳам яхши одамлар бор-ку, деган фикрга ҳам борди. Лекин бу бирор гап олиш учун менга ўзини яқин олмоқда, деган ўй устун келди.

Агар жонига теккан бўлса, ташлаб кетсин? Нима, бола-чақа боқаман, деб бегуноҳ одамларни қамаб, қийнаб ўтираверадими? Аблаҳ, сенларда бола-чақа бўлса, бошқаларда йўқми? Нима, энди ҳамма бола-чақасини боқиш учун кимнидир қийнаши керакми?

Рустам сайёрани қандай қилиб миниш мумкин экан, деб ўйланиб қолганди. Кейин тушунса, гап машина ҳақида кетаётган экан.

Намоздан кейин қайтишар экан, Акмалхон кассетани ишга солди:

-Домланинг суҳбатларига етишолмадик, мана энди эшитамиз. Аммо Собитхон окамга тенг келадигани йўқ,-деди.

Шунда Рустам энтикиб кетди. У Тошкентга йўлга чиқишидан олдин сўнгги умид жойи қолгани ва у ҳам бўлса Собитхон қори эканлигини ўйлаганди. Ўзи билмаган ҳолатда унинг мачитига бориб қолди.

У магнит лентасига ёзилган суҳбатни эшитиб борди. Ростдан ҳам Абдусоли қори билан Собитхон қори икки дунё экан. Абдусоли қори фақат дин, тавҳид ҳақида гапирар ва камдан-кам четга чиқарди. У дин ҳукмрон бўлмагунча ҳеч нарса ўзгармайди, деб айтар эди. Собитхон қори эса асосан бугунги ҳаёт ҳақида гапирар экан.

Улар иш жойига етиб келганларида Рустам:

-Акмалхон ака, бу кассетани қатдан топсак бўлади,-дейишга журъат этди.

-Окаси мана биздан топасиз-де.! Мана олволинг, шу сизга, истасангиз яна беш-ўнта бор, ҳаммасини об кеб бераман. Ман буларни бир неча копиядан қиб ташаганман.

-Раҳмат, ока, Худо рози бўсин…

-Дарвоқе, машинанг йўқ, қатта эшитасан? Магнитафонинг боми?

-Оволаман, биттасини…

Эртасига Акмалхон битта магнитофон билан Собитхон қорининг йигирмага яқин кассетасини келтириб берди. Рустам ҳар кун ишдан қайтиши билан Собитхон қорининг суҳбатлари, Қурони Каримга шарҳлари, саволларга жавобларини қайта-қайта эшитар эди.

Жума кунлари Акмалхон уларни мачитга олиб бориб қўяр ва ўзининг зарур иши чиқиб қолганини айтиб, кетиб қоларди. Икки соатдан кейин келиб, яна уларни олиб кетарди. Бир куни эса, улар билан бирга Жума намозини ўқиб, уларни Собитхон қорининг кулбасига бошлади. Мачитнинг катта кўча томонида кичкингина ҳужрада яшар экан у. Битта хонада ўнлаб магнитофонлар турибди. Демак, кассеталар шу ерда ёзилар экан, деб тушунди Рустам. Ҳужра жуда кичкина ва жуда ғариб эди. Ҳамма ёқда китоб. Бурчакда эса жойнамоз тўшалган. Хона намиққан бўлиб, зах босгандек. Ҳатто ёнаётган чироқ ҳам бу захлик қўйнида нурсизланиб қолгандек гўё. Аммо Собитхон қорининг табассум билан боқиб туриши равшанлик таратаётгандек туюлди ва Рустам атрофга яхши қарай олмай, кўзларини унга тикди. Кейин унинг қарашларига дош беролмади ва бошини эгиб ўтирди. Акмалхон эса уларни таништирди.

-Қори ака, маши йигитлани гўшти сизга оид, суяги бизга,-деди у.

Собитхон қори жилмайди-да, ингичка овозда:

-Астағфурулло, ҳали гўштхўр бўлмадик, гўштлари ўзларига оид,-деди.

-Домла, доим одамми гирибонидан ушлайсиз-а, қойилман, энди мақол деб айтиб юборган эдим…

-Ё, тўғри гап,- дея Акмалхонга мадад бўлди Собитхон қори.

Улар қайтишар экан, Акмалхон:

-Биласанлами, оилалари Наманганда, ўзлари машетта, кеча-кундуз аши ҳужрада ўтирадилар. Баъзан Наманганга кечаси бориб, яна эрталабга қайтиб келадила. Бу одамга ҳамма ҳам шогирд бўлолмайди. Шогирд тушсаларинг, икки дунёларинг ҳам обод бўлади,-деди.

Акмалхон Жума кунлари уларга такси пули берадиган бўлди ва улар такси билан намозга борадиган бўлишди.

Бугун биринчи марта Рустам уйида ёзиб келган саволини журъат қилиб, Собитхон қорига узатди. У саволни аввал ичида ўқиди, кейин овоз чиқариб ўқиди-да, унга юзланди:

-Укам, сиз ҳақсиз…

Умуман биз мустақил бўлиб, нима ўзгарди? Ҳеч нарса ўзгарган эмас. Ҳаётимиз ёмон бўлдики, яхши бўлмади? Наҳотки, шунча одамнинг ичидан битта тузукроғи чиқиб, тартиб ўрнатиши мумкин эмас? Халққа нима керак? Қорни тўйсин, эркин бўлсин, адолат истаса, топсин, тамом. Бу наҳотки, шунча қийин иш бўлса? Дадам фақат шуни истардилар-ку?! Нега энди у кишини йўқотиб юборишди? Нега дадам кўнглидагини очиқ айтиши билан эртасига бир кор-ҳол юз берарди? Наҳотки, бу саволларга жавоб берадиган ташкилот, одам йўқ? Наҳотки, бу жамиятни ўзгартиш учун курашаётган кучлар йўқ?!

У мухолифатга қўшилмоқчи бўлди. Аммо отасининг бошига келганлар учун уларни айбдор деб ҳисобларди ва улар билан ҳақиқатни тополмайман, деган қаноатда эди. У ана шундай ўзи билан ўзи олишиб юрган кезларда кимдир Андижонда Абдусоли қори деган катта олим бор экан, ҳамма унинг атрофида бирлашаётган экан, ҳақиқатни айтишда ҳеч кимдан қўрқмас экан, ҳатто энг катта раҳбарларга ҳам текизиб гапирар экан, деб қолди. Ана шундан кейин у Андижонга келганди.

Мана бу ерда ҳам саволларига жавоб топмади. Энди бир ишни бошлаб,  кечқурунлари карате тўгарагига қатнаб юрганда бир таниши:

-Тошкентга кетмаймизми, у ерда иш ҳам бор, кейин катта идоралар яқин бўлади, таниш-билиш қилиб отангни ҳам топишинг мумкин, кегин Собитхон қорининг суҳбатларига ҳам борардик. Ҳукумат ҳам у кишидан қўрқар экан. Агар яқинлашиб қолсанг, балки талаб қилиб, отанг ва укангни чиқариб беришлари мумкин,- деди.

У Собитхон қори ҳақида кўп эшитган. Абдусоли қори у ҳақдаги саволларга “Худонинг севган қули, яхши шогирд”, деб қўя қоларди. Баъзилар “Улар орасида қандайдир кўринмас низо бор”, дейишарди. Айримлар эса “Уларнинг қарашларида фарқ бор”, деса, ҳатто “Икки қўчқорнинг боши бир қозонда қайнамайди, гадонинг душмани гадо бўлади” деганлар ҳам бор эди.

Бир киши эса “Абдусоли қори ҳадисларни маҳкам ушлаган, аҳли сунна ва жамоа йўлини маҳкам тутган, бундан бошқа нарса билан муроса қилмайди, баъзи гаплари Аҳмад ибн Ҳанбалнинг гаплари каби ўткир, саҳиҳ ҳадисларни қонун деб билади, қолганларини эса душманлар қўшган деб ҳисоблайди”, деган эди. У Аҳмад ибн Ҳанбал кимлигини билмасди. Кейин тушунишича у Ҳанбалийлик мазҳабининг асосчиси экан. Унинг қарашлари билан ваҳобийларнинг қарашлари бир-бирига яқин бўлгани, дин асосларида жуда қаттиқ туришгани боис баъзилар Абдусоли қорини ҳам шу йўлга мансуб бўлиши ва буни яшириши мумкин, деб ўйлашар экан.

Аммо Рустам унинг доим ҳанафийликка даъватларини эшитди ва юқоридаги гапларга эътибор қилмади.

Собитхон қорини эса кўпроқ замонавий, ҳамма нарсани бугунги кунга боғлайдиган, муросага борадиган, аёлларни ҳам диний фаолиятга бошлаш тарафдори бўлган одам дейишарди. Лекин фақат Ҳанафийлик мазҳабига боғланиб қолмаслик керак, деган гаплари учун уни ҳам бошқа мазҳабларга ва  ваҳобийларга яқин тутганлар бор эди.

Бир марта муфти уни ваҳобийликда айблаган экан, муфтининг ўзи Саудия Арабистонида ваҳобийлар ҳомийлигида ўқигани, яшаганига шаъма қилиб, “Эшакни кучи ҳалол, гўшти ҳаром бўлганидек, ваҳобийларнинг ўзи ёмон, пули яхши экан-да” деган гапи машҳур бўлиб кетганди.

Айримлар эса, Абдусоли қори билан Собитхон қори бир одам, гоҳо яширин учрашиб турадилар, нимагадир буни яширадилар, деб ҳам айтишарди. Рустам бундай гапларга у қадар тушуниб етолмас ва отасининг мухолифатдаги ҳаёти каби бу соҳада ҳам гап кўп экан-да, деб ўйлар эди. Аммо барибир Собитхон қорини кўришни истарди.

Шу зайл у таниши билан Тошкентга келди. Бир бензин сотувчисига мардикор бўлиб ёлланишди. Тез орада чўнтаклари пул кўрди.

Рустамнинг хаёлида пул деган нарса йўқ эди. Нима бўлса ҳам отаси ҳақида бир хабар топиши, онасининг васиятини бажариши кераклиги ҳақида ўйларди.

Бир куни бензин сотувчи Акмалхон уларга:

-Юринглар Тўхтабойваччага бориб келамиз,-деди.

Улар тушунмасдан анграйиб турганларини кўрган Акмалхон:

-Жумага,-деб қўшиб қўйди.

Акмалхон бўйи паст, қорни катта бўлгани учун думалоқ кўринар ва тез-тез юриб бораётганда юмалаб кетаётган тарвузни эслатарди. У ким билан гаплашмасин, ўша одамнинг исмига “хон” қўшимчасини қўшарди. Исмини билмаса “окахон” дер эди. Шу боис унинг ўзини ҳам Акмалхон дейишарди. Юзи доим кулиб турарди. Хафа бўлганда ҳам кулаётганга ўхшарди. Аммо ишига уста эди. Харидорларни танирди. Бундайроқ одам келса, парво қилмасдан ишини қилаверарди, аммо костюм-шим кийган, бўйинбоғли одам бўлса, ёки машинаси янги, хорижий русумда ёки ҳукуматга оид рақамли бўлса дарҳол ҳайдовчининг қаердан эканлигини топиб оларди.

Агар Андижондан бўлса, сўзларига “аши” деган қўшимчани қўшиб гапирарди. Агар наманганлик харидор келиб қолса, “келутту, кетутти” деб шунақа сайраб кетардики, бензин олган одам неча литр олгани ва неча сўм тўлаганини унутарди. Самарқанликларга “келопти, кетопти” деган калималарни ишлатса, қашқадарёликларга гапирганда “э, йўқ”нинг ўрнига “э, жўқ” деб қўярди. Харидор ранжиб қолмасин деб изоҳ ҳам берарди.

-Талабалар шаҳарчасида “Сурқаш”, “Фан”, “Самбух” каби бир қанча гуруҳлар бор эди. Бир-бирлари билан урушгани-урушган эди. Мен орада сулҳ элчиси эдим. Аши пайтда шевалани сув қиб ичворганмиз-де, окахон,-дерди у.

У Тошкент шевасини ҳам шу қадар пухта эгаллаб олган эдики, биров унинг асли Фарғонадан келганини билмасди..

-Ока, Ачавотти орқасида, чинни завудди ёнидайи Бахтини танийсизми? Ҳа, танимайсиз. Ма, ше, Бахтичи, вой, шунақа қуруқланар эди-ки, “Бир свисток часам, Бешёғочдан икки мошин, яна бир свисток часам, Хастимомдан икки мошин болла келади, сани трафарет қиб ташов кетовиза” дерди. Ўзи трафарет бўб кетди. Эски Жувада мардикорлик қивотти, свисток чалишга ҳам вақти қомаган!

У латифаларга ҳам уста эди:

-Окахон янгисини эшитдингизми…,-деб бошларди.

Бутун Тошкент шаҳридаги милисалар унинг ошнаси десак, муболаға бўлмайди. Ҳаммаси унинг ёнига келади. Одамлар ҳам буни биладилар, шунинг учун кўп ишларини у билан битирадилар. Рустам ҳам кўнглини унга ёришни истарди. Аммо у Рустам билан ошнаси Шокирга жуда жиддий муомала қиларди. Ўзини худди мамлакат президентидек тутарди. Ҳатто саломларига алик олганда ҳам худди телевизорда гапираётгандек қилиб, ҳол аҳвол сўрарди. Шундан нарига ўтмасди.

Унинг янги машинаси бўлиб, уни орқага қўяр ва бўш вақти қолди дегунча бориб қайта-қайта чангини артаверарди. Машинанинг ҳали у ерига, ҳали бу ерига тупуравериб, томоғи қуриб қолгандагина қаддини ростлаб атрофга алангларди. Ёки муҳимроқ харидор кўриниб қолса, дарҳол машинага тупуришни тўхтатиб, олдинга ўтарди. Ҳатто машинасини тозалашни ҳам уларга ишонмасди. Шунинг учун Рустам унга гапиришга тортинарди.

У ўзига хос бир дунё эди. Мана энди унинг жумага боришини ҳам билишди. Рустам келганидан бери мачит ҳақида ўйламай ҳам қўйганди. Намознинг фарзини ўқиб олар ва қолганига шароит бўлмагани боис узр жоиз деб қўярди. Аммо кечқурунлари қарзимни ўқиб олай, деб бир неча ракат ортиқча ҳам ўқиб юборарди. Баъзан эса намоз ўқиётиб, хаёлга ботиб қолар ва кейин гуноҳ иш қилдим, деб ўзи билан ўзи олишиб юрарди.

Улар Тўхтабойвачча мачитига яқинлашганларида ҳаммаёқни одам босганди. Сағбон кўчасига қадар машина қўядиган жой йўқ эди. Акмалхон машинани узоқда қўйди-да:

-Уҳ, кечикиб қолдик, шекилли,-деб йигитларга қарамасдан пилдираганча олдинга югуриб кетди.

Рустам атрофда баъзи одамлар телекамера кўтариб юрганини кўриб, бу ерда филм олишмоқдами, деб ўйлади. Аммо ёдига Андижондаги катта Жоме олдида турадиган кузатувчилар тушиб, сергак тортди. Бошини эгиб ичкарига кирганда қори оятларни мумтоз қўшиқ каби маромига етказиб ўқиётганини эшитиб, жойида тўхтаб қолди. Кимдир унинг шимидан тортди ва:

-Ўтир, -деди.

У Абдусоли қорини энг яхши қироатчи, деб ўйлаб юрар эди. Дарвоқе, у нафақат қироат қилишда уста, балки кўп нарса биларди ҳам. Худди компютер каби ҳар қандай саволга бир зумда жавоб топар, ҳадиси ва оятини келтирар ва жавобини арабча калималар билан “бетонлаб” қўярди. Унинг калималари орасидан бирорта ҳам русча сўз тополмас эдингиз. Аммо арабчани кўп ишлатарди. Бир кун:

-Мана одамлар янги-янги сайёралар миниб юрибдилар,-деди.

Рустам сайёрани қандай қилиб миниш мумкин экан, деб ўйланиб қолганди. Кейин тушунса, гап машина ҳақида кетаётган экан.

Намоздан кейин қайтишар экан, Акмалхон кассетани ишга солди:

-Домланинг суҳбатларига етишолмадик, мана энди эшитамиз. Аммо Собитхон окамга тенг келадигани йўқ,-деди.

Шунда Рустам энтикиб кетди. У Тошкентга йўлга чиқишидан олдин сўнгги умид жойи қолгани ва у ҳам бўлса Собитхон қори эканлигини ўйлаганди. Ўзи билмаган ҳолатда унинг мачитига бориб қолди.

У магнит лентасига ёзилган суҳбатни эшитиб борди. Ростдан ҳам Абдусоли қори билан Собитхон қори икки дунё экан. Абдусоли қори фақат дин, тавҳид ҳақида гапирар ва камдан-кам четга чиқарди. У дин ҳукмрон бўлмагунча ҳеч нарса ўзгармайди, деб айтар эди. Собитхон қори эса асосан бугунги ҳаёт ҳақида гапирар экан.

Улар иш жойига етиб келганларида Рустам:

-Акмалхон ака, бу кассетани қаттадан топсак бўлади,-дейишга журъат этди.

-Окаси мана биздан топасиз-де.! Мана олволинг, шу сизга, истасангиз яна беш-ўнта бор, ҳаммасини об кеб бераман. Ман буларни бир неча копиядан қиб ташаганман.

-Раҳмат, ока, Худо рози бўсин…

-Дарвоқе, машинанг йўқ, қатта эшитасан? Магнитафонинг боми?

-Оволаман, биттасини…

Эртасига Акмалхон битта магнитофон билан Собитхон қорининг йигирмага яқин кассетасини келтириб берди. Рустам ҳар кун ишдан қайтиши билан Собитхон қорининг суҳбатлари, Қурони Каримга шарҳлари, саволларга жавобларини қайта қайта эшитар эди.

Жума кунлари Акмалхон уларни мачитга олиб бориб қўяр ва ўзининг зарур иши чиқиб қолганини айтиб, кетиб қоларди. Икки соатдан кейин келиб, яна уларни олиб кетарди. Бир куни эса, улар билан бирга Жума намозини ўқиб, уларни Собитхон қорининг кулбасига бошлади. Мачитнинг катта кўча томонида кичкингина ҳужрада яшар экан у. Битта хонада ўнлаб магнитофонлар турибди. Демак, кассеталар шу ерда ёзилар экан, деб тушунди Рустам. Ҳужра жуда кичкина ва жуда ғариб эди. Ҳамма ёқда китоб. Бурчакка эса жойнамоз тўшалган. Хона намиққан бўлиб, зах босгандек эди. Ҳатто ёнаётган чироқ ҳам бу захлик қўйнида нурсизланиб қолгандек гўё. Аммо Собитхон қорининг табассум билан боқиб туриши равшанлик таратаётгандек туюлди ва Рустам атрофга яхши қарай олмай, кўзларини унга тикди. Кейин унинг қарашларига дош беролмади ва бошини эгиб ўтирди. Акмалхон эса уларни таништирди.

-Қори ака, маши йигитлани гўшти сизга оид, суяги бизга,-деди у.

Собитхон қори жилмайди-да, ингичка овозда:

-Астағфурулло, ҳали гўштхўр бўлмадик, гўштлари ўзларига оид,-деди.

-Домла, доим одамми гирибонидан ушлайсиз-а, қойилман, энди мақол деб айтиб юборган эдим…

-Ё, тўғри гап,- дея Акмалхонга мадад бўлди Собитхон қори.

Улар қайтишар экан, Акмалхон:

-Биласанлами, оилалари Наманганда, ўзлари машетта, кеча-кундуз аши ҳужрада ўтирадилар. Баъзан Наманганга кечаси бориб, яна эрталабга қайтиб келадила. Бу одамга ҳамма ҳам шогирд бўлолмайди. Шогирд тушсаларинг, икки дунёларинг ҳам обод бўлади,-деди.

Акмалхон Жума кунлари уларга такси пули берадиган бўлди ва улар такси билан намозга борадиган бўлишди.

Бугун биринчи марта Рустам уйида ёзиб келган саволини журъат қилиб, Собитхон қорига узатди. У саволни аввал ичида ўқиди, кейин овоз чиқариб ўқиди-да, унга юзланди:

-Укам, сиз ҳақсиз…

ИККИНЧИ  БОБ

Қорабой ака ичида бўлган машина МХХ вилоят бошқармасининг темир дарвозаси ёнига келганда, худди уни кутиб турган каби дарвоза дарҳол ланг очилди ва машина ғиззиллаганча ичкарига кириб кетди. Қорабой акани зах бир хонага олиб киришди. Қўлига солинган кишанни ечмасдан ташлаб кетишди. У нима юз берганини оз бўлсада тушунган эди.

Мухолифатнинг орасида юрган айғоқчиларни аниқлаган ва бошқаларни эҳтиёт бўлишга даъват қилгандаёқ бошига шундай кун келишини тахмин қилганди. Аммо унутишди. Ҳар ҳолда ўша кезда юз берган юрак хуружи уни асраб қолди. Мана энди кечаги воқеадан кейин яна уларнинг кўзига тикандек санчилдим, шекилли?! Бир-икки пўписа қилиб, қўйиб юборишса керак? Ғалвирга илинадиган бирор нарса тополмасликлари аниқ. Кейинги йилларда мухолифатга ҳам қўшилганим йўқ. Дарвоқе улар қамоққа олинганимни эшитишган ва дунёга жар солаётган бўлсалар керак? Нима бўлганда ҳам илгари бирга эдик-ку?! Буни эшитиб қолган Тошкент “Қўйиб юборларинг, яна битта бош оғриғини нима қиламиз” дейиши мумкин, деб ўйларди у.

Нима учундир кўнгли хотиржам эди. Уйини босганларида юраги бир ўйнаб кетди, аммо кейин ўзини ушлаб олди. Юраги жойидан қўзғалиб бўғзида “гуп”-“гуп” ураётганини назарда тутмаганда аҳволи унчалик ёмон эмас эди.

У хонага разм солди. Эшикка қарши томонда тепада бир туйнук бор. Жуда қалин темир панжара ўрнатилган ва устидан яна симтўр тортилган. Ташқаридаги дарахтнинг бир шохини аранг кўрса бўларди. Шундан тахмин қилдики, бу жой ертўла экан. Демак, машина бинонинг остига кириб келаркан-да!

Девор бетон ва нам тортган. Шу боис хонанинг ҳавоси қўланса эди. Ўтирадиган, ётадиган жой йўқ. Ҳожатга қаерга борар экан?

У хаёлларга ғарқ бўлиб кетди. Ишқилиб, Рустамга тегмасинлар.

Аммо шу ўғлидан умиди жуда катта. Туғилганидан шу кунга қадар ҳеч озор бермади. Эсини танибдики, отасининг дўсти. Мактабда яхши ўқиди. Саккизинчи синфдалигидаёқ шаҳар, вилоят олимпиадаларида ғолиб чиқиб, кейин республикада ҳам адабиёт синовида учинчи бўлди. Унча-бунча шеър ҳам ёзарди. Аммо бир муддат сиёсатга қизиқиб кетди. Бунга балки мен сабабчи бўлгандирман? Балки Ўзбек тилига давлат тили мақоми бериш учун курашган пайтларимиз уни сиёсат дунёсига бошладимикан? Кўп ташкилотчи эмас, аммо одамларни индамай эшитишни яхши кўрарди. Кейин шундан хулоса чиқарарди. Хулосалари ўзи каби ўктам. Бир кун:

-Болам, яхши ўқисанг келажакда Ташқи ишлар вазири бўлишинг мумкин,-деди Қорабой ака унга.

-Нега энди айнан Ташқи ишлар вазири,- деб сўради Рустам.

-Мамлакатни дунёга танитадиган одам Ташқи ишлар вазирида,-деб жавоб қилди у.

-Баъзан мамлакатни оддий бир ишбилармон ҳам дунёга танитиши мумкин…

Жуда қизиқ, ҳамма ёшлар касб танлашда баланд дорга осилсалар Рустам олийгоҳга боришни истамасди, орзуси ишбилармон бўлиш эди. Лекин Қорабой аканинг мажбурлашидан кейин инстутга ҳужжатларини топширди. Иншодан хурсанд бўлиб қайтди. “Жуда яхши билган мавзу тушди. Боплаб ёздим”, деб келганди, аммо йиқитишди. Қорабой ака ректорнинг ёнига борди.

-Бу бола республика олимпиадасида ғолиб чиқиб, қандай қилиб сизлардан ўтолмаслиги мумкин?-деди у ректорга.

-Шу болангизни ўқитиш ниятингиз бор экан, олдинроқ келиш керак эди. Янаги йилга ҳаракатни эртароқ бошланг, биламиз иқтисодий қийинчилик мавжуд, шу боис ҳозирдан ҳаракат қилиб борсангиз ўша кезда оғир тушмайди! Бировни ўртага аралаштириб юрманг, тўппа тўғри ўзимга келинг, ўзим ўғлингизни ўқитиб бераман!-деди ректор.

Шундан кейин Рустамнинг кўнгли чўкиб қолди. Адолат анқонинг уруғи экан, деган хулосага бориб қолганди. Кейин яна тадбиркорлик ҳақида гапириб юрди. Бир иш қилайлик, дер эди. Пулни яхши кўриб қолдими деса, йўқ, пулга ҳам меҳри унчалик эмас.

Қорабой ака касал бўлиб ётиб қолган кезлар фақат шуни эслади. Меҳр қўйган ўғлимни ўқишга кирита олмадим, энди мустақил бўлдик, Совет давридаги порахўрликлар қолиб кетди, деб ўйлаган эди. Қараса янада очиқ бўлибди. Ректорнинг ўзи уялмай шаъма қилиб турибди. Ўғлининг орзуси ушалиши учун нима қилиш кераклигини ўйлади. Ҳақиқатдан ҳам дарахт ўзи ёқтирган жойда ўсади деганлари тўғри экан. Иш бошлашлари билан Рустам яйраб кетди ва тезда тадбиркор бўлиб кўзга ташланди. Ман энди эски дўстларимга қизиққонлик қилиб, унинг йўлини тўсмасам бўлгани эди…

Шу пайт эшик очилиб унинг хаёли бўлинди. Икки ўзбек йигити уни юқорига бошлашди. У Совет даврида КГБ ҳақида ўйлаганда фақат кўз олдига бадбашара уруслар келар эди. Ҳозир уни олиб бораётгалар эса, келишган, истараси иссиқ ўзбек йигитлари эди. Уларнинг ўқимишли эканликлари ҳам юзларидан билиниб турибди. Ўзимиздан ҳам чиқар экан-ку, деган бир ғурур ҳам кўнглининг бир четини қитиқлаб ўтди.

Уни бир хонага олиб киришди. У ерда яна икки киши кутаётган экан. Кузатиб келганларга жавоб беришди ва Қорабой аканинг қўлини ечиб унга сув узатишди:

-Энди гап бундай, оқсоқол,-деди улардан бири.-Агар қилган ҳамма ишларингизга дарҳол иқрор бўлиб, биз айтган таклифларни қабул қилиб мана бу қоғозни имзоласангиз иш осон кечади. Сиз ҳам қийналмайсиз, биз ҳам. Бу сафар ади-бади айтиб ўтиришга, сизни синдириш учун ҳафталар сарфлашга вақтимиз йўқ. Сизни тузоққа биз илинтирган эмас, ўзингиз илиндингиз. Хуллас 24 соат вақтимиз бор,-деди улардан бири эшик томон юрар экан.

-Ҳали соқол қўйганим йўғ-ку, қаёқдан оқсоқол бўламан,-деди у ҳазил аралаш,- кейин нима иш қилибманки, ундан бўйин товласам. Қанақа тузоққа илинибман, бундай очиқ гапирмайсизларми?

-Соқол қўйганингизда-ку ишимиз анча осон кечган ва сизни олдинроқ таниган бўлардик, аммо бесоқол бўлиб юрганлардан чўчиш керак экан,- деди чиқиб кетишга шайланган одам.

Энди бу Қорабой аканинг ҳамиятига тегди. Бунинг устига улар унга эътибор қилмасдан русчлаб гаплаша бошладилар. Кейин унга ҳам русча муомала қила бошладилар.

-Ҳов барака топгурлар, биз мустақилмиз, энди она тилида гаплашаверайлик,-деди у.

-Мана кўрдингизми, биринчи қилмишингизни ўзингиз ҳам тан олиб турибсиз. Конститутсиямизда ёзиб қўйилган, миллатлараро фитна уйғотиш бу жиноят. Биласизми, фақат шунинг ўзи учун бўйнингизга 15 йилни осишимиз мумкин. Нима ишингиз бор одамлар қайси тилда гаплашадилар?

-Ҳа, энди…

Кўринишидан мансаби каттароқ бўлган ҳалиги киши русчалаб “Тезлаштир!” деди-да чиқиб кетди ва уни кузатиб қолган йигит бирдан жиддий қиёфага кириб;

-Москвага нимага борган эдингиз,-деди.

-Иш минан..

-Туркияга-чи?

-Иш минан-да, ука, мен бекордан-бекорга бораман-ми?

-Хўп, шу ерда тўхтаб туринг. Мен жавобларингизни мана бу ерга ёзиб боришим керак. Демак,, Москвага ва Туркияга борганингизга ва бекордан бормаганингизга иқрор бўлдингиз. Ана шундай ҳамкорлик давом этса, бу ишни тез битирамиз-, деди у Қорабой акага захарханда жулмайиб. Кейин савол-жавоб бирдан кескин тус олиб, “қизиб” кетди.

-Москвада ким билан учрашдингиз?

-Ҳеч ким билан…

-Чўпчакни четга қўйиб турамиз. Шундай катта шаҳарда ҳеч ким билан учрашмай келдингизми-а?

-Ҳа, энди бир икки одам билан олди бердимиз бор, шулар билан учрашдим.

-Қаерда Подмосковеда-ми?

-Қаерда?

-Тўғри-я, у ерга бормасангиз ҳам иш ўзи битиб кетаверади. Лекин Камолов билан нега учрашдингиз?

-Қанақа Камолов? Бундай тушунтириброқ гапиринг. Ёки биров билан алмаштираяпсизми?

-Камолов Вячеслав Мухторович, ҳали яқингача Ўзбекистон Ички ишлар вазири эди. Нима билмайсизми?

-Биламан, Москвага кетиб қопти деб эшитгандим.

-У билан учрашиб, нималарни гаплашганингизни биласизми?

-Йуқ, билмайман.

-Ҳм, Аҳмаджон Одиловни биласизми?

-Эшитганман…

-Унинг “Амир Темур” партиясини-чи?

-Шунақа партия бор эканми?

-Шу партиянинг вилоят раҳбарлигига сизни тавсия қилишганини ҳам билмайсизми? Усмонов билан нега учрашган эдингиз?

-У билан илгаридан танишлигим бор. Ишбилармонлар учун банк очамиз деган таклифни айтганди, шуни гаплашгандим.

-Анвар Тилланазаровни танийсизми?

-Ҳалиги қўшиқчими?. “Анварбанк”…

-Ҳа, баракалла, қўшиқчи эди, Тошкентдаги Ачавот маҳалласидан чиққан. У очган банкка нега борган эдингиз?

-У ишбилармонларга қарз беради деб боргандим, аммо ўзи билан учраша олмадим.

-Мана бу суратдагини яхшилаб таниб олинг!

-Бу йигитни биламан, “қорачадан келган қўшиқчи” деган лақаби ҳам бор.

-Ҳа, яшшанг, “лўли” десангизчи, нима энди ватанимиз тақдири лўлиларга қолдими?

-Одамнинг қандайлиги миллатига боғлиқ эмас. Ўзингиз ҳам боя миллат масаласини гапираётган эдингиз-ку!

-Улар миллат эмас, уларга Совет даврида ҳам статус берилмаган, наҳотки шуни ҳам билмасангиз. Бўпти, мана бу Аҳмаджон Одиловнинг Тошкентдаги уйи. Ички ишлар вазирлиги биносининг орқасида. Шу ерда Анвар Тилланазаров билан учрашгансиз.

-У ерга борган бўлмасам…

-Яхшилаб эслаб қолинг, у ерга Адлия вазирлигида ишлаб турган Ҳасан Ғозиев деган одам билан бирга боргансиз. Мана расми. Пакана, семиз одам. Илгари Аҳмаджон Одиловнинг юристи бўлган. Кейин Москвада СССР мафиясининг ҳисобчиси, ҳозир Тошкентда, Оқтепада яшайди. Камолов билан яқин ошна бўлган. Эртага Тошкентга борганда балки учрашиб ҳам қоларсиз. У киши билан учрашсангиз нима десалар “Хўп” денг. Ҳозир мамлакатнинг жилови шу кишининг қўлида. Агар телефонни олиб “Зокир, ана у болани қўйиб юбор!” деса бас, ўғлингиз милитсиядан чиқиб кетади. Бошқа одамнинг кучи етмайди. Ҳозир Зокиржон акамиз, коттаконнинг энг ишонган одами. Ҳақиқатдан ҳам ишонса бўладиган, ўғил бола у киши!

Терговчи шундай дер экан, нима учундир кўзининг қири билан атрофга ва тепага қараб қўйди. Қорабой ака эса “ўғил” сўзини эшитиб яна Рустам ёдига тушди ва׃

-Ўғлим милитсияда деб ким айтди сизга?-деди.

-Мана мен айтдим, ўғлингиз Рустамжон қаршидаги милитсия биносида, сайраб ўтирибди  ҳозир.

Қорабой ака унга ишонмади. Ҳали, боя ўғли ҳовлисида эди. Уни бу ерга олиб келишгандан бери орадан кўп вақт ўтган эмас. Бунинг устига уни милитсияга олиб боришган, сўроқ қилаётган бўлсалар бу қаёқдан билади? Лекин барибир юраги чўкиб кетди. Аммо терговчи унга ўйлаш учун фурсат бермаётганди.

-Демак, Камолов билан Москвага борганда учрашиб, мамлакатимиз раҳбарини ўлдиришни гаплашдингиз…

Қорабой ака ўрнидан туриб кетди.

-Сен манга нима деб туҳмат қилаяпсан? Бунақа ҳазил- пазилингни менга қилма, бошқа гапинг бўлса сўрагин ва мени уйимга олиб бориб қўйгин, шомга кечикиб қоламан…

-Мана бу сирни ҳам ўзингиз очдингиз, соқол қўймаган бўлсангиз ҳам шомни вақтида ўқишни биласиз. Санлар икки юзлик одам, ҳали мени сенсирайдиган бўлдингми, биқинингдан дарча очиб қўяман, мана бундай қилиб,- у Қорабой акани бир нихтаб жойига ўтқизиб қўйди.- Қани айтчи, биз кимни мухолифатга аралаштириб қўйдик? Мард бўлсанг отини айта оласанми? Ёки шундай тахмин қилиб, гап сотиб юрибсанми? Аралашган бўлса, нима қипти? “Тавба”, “Ислом лашкарлари” ва яна қанча бало-баттар ташкилотлар тузиб, Ислом давлати қуришларингга йўл қўйиб беришимиз керак-ми? Бу хаёлларингиз хом. Кичкина ўғлингиз Отабек мухолифат ва исломчиларга қўшилиб, бир қизни зўрлашганидан хабаримиз йўқ деб ўйлайсизми?

Қорабой ака гап жуда жиддийлашиб кетаётганидан ташвишга тушди, тўғрироғи қўрқиб кетди, оёқлари, қўллари қалтирай бошлади. Туҳмат устига туҳмат, зарба устига зарба одамни тентак қилиб қўяр экан. Бу аблаҳларга нима керак ўзи? Нега бу қадар туҳмат қилаяпти? Мен кичкина бир одам бўлсам, қаердаги ҳеч ким билмаган гапларга қандай қилиб аралашаман? У терговчининг ҳозир яна бир бўҳтон тоши отишидан чўчиб, қуриб қолган лабини тили билан ҳўллаб олди-да:

-Ука, сиз каби ўғлим бор, шунинг учун билмасдан сенсираган бўлсам кўнгилга олманг, шунинг учун ота гўри қозихонами, мана сиз ҳам мени сенсирадингиз, тенг бўлдик,-деди ёлворган оҳангда.

-Сиз мени ўзингизга тенглаштирманг. Тенг-тенги билан, тезак қопи билан, деган гап бор. Ўғлингиз Отабекка келсак, у ҳам нариги хонада сўроқ бераяпти.

-Унга нима дейсизлар, нима гапларинг бўлса мана мендан сўранглар. Уни синдирманглар, у мамлакатга раҳбар бўладиган суроби бор. Бу йил Тошкентга бориб дорилфунунга кирмоқчи. Туҳмат қилманглар унга, жон ука!

-Ҳа, яшанг, демак, президентни ўлдиртириб, ўз уғлингизни олдингга сурмоқ режаларингиз бор эканда-а?

-Ука гапимдан гап топиб ҳазил қилаяпсизми? Аскияга ҳам уста кўринасиз. Бизни нега бу ерга олиб келдиларинг? Агар у бу нарса керак бўлса, ана бутун топганим сизларники!

-Нима, сиз менга пора таклиф қилаяпсизми? Мен виждонимни ҳаром пулга сотадиган одам эмасман. Cизга ўхшаб паст кетмайман. Мен ҳаётимни шу ҳукуматим, шу мамлакатим, шу юртбошимга тикканман. Манга улар бераётган пул етиб ортади. Сизга эса пора таклиф қилганлик айбини ҳам тиркайман.

Наҳотки дунё бир зумда тескари айланиб кетди? Худди тушдаги каби воқеадан воқеага учиб ўтаётган ва Қорабой ака ҳатто нима бўлаётганини эсда сақлолмаётган эди. Аммо булар нимадир исташмоқда, деб ўйлади ва ташаббусни қўлга олмоқчи бўлди:

-Қани санксияларинг борми ўзи? Нега мани қамайсанлар?!-дея додлади.

-Санксияни уйингизга борганда кўрсатишмадими, ўша ерда сўраш керак эди?  Бу ер эса санксиядан кейинги қарор ёзиладиган жой. Энди гап бундай, эртага сизни Тошканга олиб борамиз, бугун мен сизга айтадиган гапларни ҳаммасини ўша ерда бўйинга оласиз ва кейин президентимиз авф чиқарганларида қўйиб юборамиз сизни.

-Э, нималар деяпсиз. Сизлар хато иш қилиб қўйганга ўхшайсизлар, адашиб бошқа одамни ушлаб келган кўринасизлар,-деди Қорабой ака яна баланд овозда.

-Ўпкани босиб олинг. Биз адашганимиз йўқ. Бизга керакли одам сиз бўласиз. Ўша Камолов Москва КГБсида ишлаяпти ҳозир. Бир гуруҳ одамларни Подмосковеда машқдан ўтказиб, президентимизни ўлдириш учун тайёрламоқда. Бунга мухолифат ҳам, исломчилар ҳам, ишбилармонлар ҳам аралашган, билдингиз-ми? Биз бу ишни тўхтатишимиз керак. Яъни Камоловнинг орқасига тепишимиз зарур. Мен сизга қаерга борганингиз ва Камоловга бу ердан қандай хат олиб борганингиз, ким бериб юборгани ва бошқа маълумотларни айтаман, сиз бу гапларни Тошкентда ва керак бўлса Москвада такрорласангиз бас, ватан тарихи учун улкан хизмат қилган бўласиз.

-Йўқ, сизлар адашган, мен унақа одам эмас…

-Биз йўқ деганларнинг кўпини кўрганмиз. Бутилкани устига ўтиргандан кейин мўмин қобил бўлиб қолишади,-деди терговчи тортмасини очаркан.

-Мени қўрқитманг, мен сиз айтган одам эмас,-деди Қорабой ака яна товушини кўтариб.

-Бўлмаса, бироз ишонтиришга тўғри келади.

Терговчи Қорабой ака томонга ўтдида уни ўрнидан турғазиб икки оёғининг орасига бир тепди. Қорабой аканинг нафаси ичига тушиб, ҳатто “уҳ” ҳам дея олмай, ўтириб қолди. Терговчи кейин тортмасидан битта ароқ шишасини олди-да ерга қўйди. Иккинчи ҳаракат мана шуни устига орқангиз билан ўтқазиш бўлади. Бу ҳазил эмас. Мана кўринг!- дея у видеотасмани ишга солди. У ерда бир ёш йигитни шишанинг устига ўтқазишганидаги даҳшатли манзара тасвирга олинган экан. Қорабой аканинг юраги ўйнаб кетди. Лаби қақшади. Тили бориб, комига ёпишди.

“Бу не кўргилик?! Шу ёшга етиб бундай шармандагарчиликни яшайманми энди?! Биз мустақил бўлиб аллақачондан шунақа ишлар бошланиб кетган бўлса эртага нима бўлади?!”

-Укажон, сиз ҳам уйланган бўлсангиз керак, бола чақангиз бордир, ота-онангиз бордир? Суриштириб келса балки қариндош чиқиб қоларамиз, қўйинг энди шу гапларни,-деди у аранг.

-Қўямиз, лекин сиз олдин мана бунга қўл қўйинг,-деди терговчи.

-Бу нима?

-Ҳозир сизга айтганларимиз, қўл қўйганингиздан кейин қолганини айтаман.

-Билмаган, қилмаган ишга қандай қилиб қўл қўйиш мумкин?

-Агар бундан қўрқсангиз алтернатив вариант бор. Нариги хонада хотинингизни тергов қилишаяпти. Юринг кўрсатаман.

Қорабой аканинг ичидан бир нарса узилиб кетгандек бўлди.

“Йўқ, бу алдаяпти. Агар уларни ҳам олиб келишганда битта машинга солиб келтирган бўлардилар.” Худди унинг фикрини уқиб тургандек, терговчи жавоб қилди;

-Сиз кўнмаслигингиз мумкин дея орқадан олиб келдик,-у шундай деб қўшни хонанинг эшигини очди. У ерда хотини ўтирган ва унинг ёнида ҳам шиша турганди. Хотини Қорабой акани кўриши билан йиғлаб юборди. Аммо терговчи эшикни ёпди ва Қорабой акага:

-Агар рози бўлмасангиз, мана шу ерда кўзингизни олдида биз иккаламиз хотинингизни зўрлаймиз,-деди.

У шундай деб қўшни хонадаги йигитга:

-Бошидаги рўмолини олиб от! Ечинтир ва бу ёқа олиб кел!-деди.

Қорабой аканинг қони майнасига чиқиб кетди. Жон ҳолатда терговчининг башарасига қараб мушт туширди. Аммо терговчи худди шуни кутиб турган эканми, унинг қўлини айланириб юборган эди, Қорабой ака коридорнинг деворига бориб урилди.

-Ҳали сенми кўнмайдиган тўнғиз, сени булбул қилиб қўяман,-дея у Қорабой аканинг ёқасидан тортиб ичкарига олиб кирди.

Кейин бир-икки муштлаб бурчакка итариб юбордида қўшни хонадаги йигитга бақирди:

-Хотинини ечинтириб бу ерга олиб кел, дедим, санга. Тез бўл!

-Барака топгур, тўхта, олиб кел ўша қоғозингни. Мана қўл қўйиш керак бўлса қўяман, аммо Тошканга борганда ҳамма сирингни очаман,-деди Қорабой ака йиғламсираб.

Терговчи қоғозга қўл қўйдириб олдида:

-Сен Тошканда бўлганингда хотининг ва ўғилларинг шу ерда бўлишади. Мана шу бутилка ҳам шу ерда туради, шунинг учун одамга ўхшаб гапимга кирсанг, ҳаммаси мен айтгандек бўлади. Агар ади-бади айтиб ўтирмаганингда ўғлинг ва хотинингни жавоб бериб юборган бўлардик. Ҳали ҳам ўйлаб кўр, розимисан, тинч йўл билан ҳал қиламизми ёки…

Қорабой аканинг умр йўлдоши эшик ёнида ички кийимда, очиқ жойларини қўллари билан бекитганча бир мушт бўлиб, дилдираб, йиғлаб турарди. У хотинига бир қарадию бошқа қарай олмади. Юраги типирчилай бошлади. У тўхта деди юрагига, бу сафар сенга осонликча бўйсуниш йўқ. Олдин буларни қутқариш керак, ана ундан кейин нима қилсанг қилавер!

-Унинг кийимларини бер, ҳамма айтганингга розиман,-деди Қорабой ака кўзларини бошқа томонга буриб, қўлини хотини тарафга узатар экан.

Барибир Тошкентга борганда буни фош этаман, деб терговчининг айтганига рози бўлди. Терговчи битта янгироқ костюм олиб келиб, Қорабой акага кийгизди ва бўйнига бўйинбоғ ҳам тақиб қўйди. Кейин сув ичирди ва “Валерианка” бериб, ўзи унинг сочларини тараб ҳам қўйди. Кейин воқеаларни такрорлаб берди ва Қорабой аканинг “кўрсатма”ларини видеотасмага ёзиб олишди. Айни пайтда унга бу гапни русчалаб ҳам айтишни буюрдилар. Буни ҳам бажарди.

Кейин уни ертўлага терговчининг ўзи олиб тушди. Уни камеранинг ичида қолдирар экан терговчи:

-Кўрдингми, боя иккаламизни тенглаштираётган эдинг, мен эса фарқимиз бор дегандим. Фарқимиз шуки, сен эгоистсан, ўзингни ўйлайсан. Икки йил олдин митингларда халқим, тилим, миллатим деган гапларинг сафсата, сен керак бўлса ўз манфаатинг учун ҳамма нарсани сотасан! Қара, ёлғондан бутилка тиқаман, хотинингни зўрлайман,  деган эдим, Камоловни ва яна қанча одамларни йўқ қилиб юбориш учун рози бўлдинг. Уларнинг ҳам хотини, бола чақаси борлигини эса ўйлаб ҳам кўрмадинг. Сен энг таҳликали одамсан! Ўзингни ўйлаб, бошқа одамларни оёқ ости қилиб юборасан. Сен хоин деб юрган, мухолифатга аралашиб юрган ўша йигитлар эса шу ватан, шу миллат учун жонини тикканлар. Сенга ўхшаб қўрқоқ эмас улар. Сенинг калланг ҳам ишламайди. Агар ишлаганда билар эдинг, бу ерга кирдингми, чиқиш йўқ. Демак, қўл қўйсанг ҳам ўласан, қўямасанг ҳам. Энди сенинг керагинг йўқ, биласанми одамнинг исмида ҳам кўп гап бор. Сенга бекордан Қорабой деб исм беришмаган экан!-дея уни таҳқирлаб, чиқиб кетди.

УЧИНЧИ БОБ

Бугун якшанба бўлгани учун Шокир бозорга чиқиб кетди. Улар навбат қилиб қўйган эдилар. Бир ҳафта Рустам у-бу нарса харид қилишга чиқса, кейинги ҳафта Шокир. Илгари биргаликда қилардилар бу ишни. Акмалхон уларни шанба ва якшанбада тунда навбатчилик қилишга ҳам режалаб қўйди. Аммо биргаликда боришмас эди. Бир кун Рустам борса, иккинчи кун Шокир. Шу боис ана шунга мослаб бозорни ҳам навбат қилиб қўйишди.

Рустам тонгга яқин келган бўлса-да, Шокирнинг чиқиб кетганидан кейин уйғонди. У ёқ, бу ёқа товланиб ётди, аммо уйқуси келмади. Шу боис Собитхон қорининг касетага ёзилган суҳбатини тинглаб ётди. Хотин-қизлар билан учрашувда бир аёл атир қўлланиш ҳақида савол берган экан. Бу Рустамга ҳам қизиқ туюлди Чунки, илгари олган дарсларида аёллар фақат уйдагина атир сепишлари мумкин дейилганди. Бу ҳақда Нилуфарга айтганида:

-Кўрамиз, кейинги ҳафта атир сепмасдан келаман, қани чидайсизми?-дея кулганди. Шу боис Собитхон қорининг фикрини ҳам билмоқчи бўлиб, диққат билан тинглади:

“Хотин қизларнинг ўзларига атир сепишлари Расулуллоҳ саллалоҳу алайҳи вассаломнинг суннати ва бу эркак ҳамда аёл учун суннатдир. Лекин аёлларнинг атир сепиб кўча-куйга чиқишлари, буни бегона эркакларга ҳидлатишлари таъқиқланган. Бу борадаги ҳадислардан бирида, уни Ат Термизий ҳикоя қилганлар, ”Бир аёл атир сепиб, бегона эркаклар ҳидласин деб кўчага чиқса, зониядир…” дейилса, Абу Давуд ҳикоя қилган ҳадисда эса, ”Атирланиб масжидга чиқиб, намоз ўқиган аёлнинг намози, уйига бориб ғусул қилмагунича қабул бўлмайди” дейилади. Ал Ҳинди таъриф қилган ҳадисда эса ”Аёл масжидга бормоқчи бўлса, жунубликдан поклангани каби ювинсин” деб қайд этилган.

Бу ҳадисларни ҳар турли талқин қилганлар бор. Кимлардир бу билан аёлнинг умуман атир-упа қилишини таъқиқлаган бўлсалар, яна кимлардир мачитга боришдан ташқарида жоиз деган фикрни илгари сурганлар. Асосий гап аёлнинг атир ҳидини бошқаларга ҳидлатиб, фитнага сабаб бўлмаслиги эканлигини ҳам айтганлар бор.

Шундай экан, яратган инсофни аёлнинг ўзига берсин. Агар у айтилганларга риоя этмаса, ҳеч ким мажбурлай олмайди. Унинг иймони бутун бўлса, ўзи ҳақ йўлни топиб олади. Бугунги кунда атир қўлланмайдиган аёлни топиш мушкул бўлиб қолган бир пайт. Бунинг ҳам сабаблари бор. Автобусларда юрадилар, кўпчилик бўлиб бир жойда ишлайдилар, ҳар соатда юз-қўлларини ювиб турадиган имконлари йўқ ва ҳоказо. Агар уйда ўтирганларида уларга талаб қатъийроқ бўларди. Бугун биз бирданига, бас, эртадан бошлаб кўчага чиққанда атир сепмайсизлар десак, бизга ҳайрат билан қараб қоладилар. Шу боис ишни атир сепишга қарши курашдан эмас, балки эътиқодни мустаҳкамлашдан бошламоқ лозим”.

Демак, Нилуфарга кескин гапраб қўйибман, деб ўйлади, Рустам. Нилуфар улар турадиган уйнинг эгаси Махфират холанинг невараси бўлади. Тиббиёт олийгоҳида ўқийди. Одобли, ҳаёли ва жуда чиройли қиз. Ҳафтада бир келиб, бувисининг кирларини ювишга, хоналарни тозалашга ёрдамлашади. Ўзларининг уйлари Тошкент туманида бўлгани учун баъзан дарслари кеч тугаган пайтларда ҳам бувисиникида қолади. Аввал Шокир унга кўз тикиб юрди.

-Жиннимисан?-деди Рустам унга,-бўладиган ишдан гапирсанг-чи. Биринчидан, у олийгоҳда ўқимоқда. Иккинчидан, биз бензинчи, қора мойга ботиб юрган одамлар. Ҳатто унинг оппоқ кийими билан бизнинг қора кийимларимиз бир-бирига зид. Кейин, Махфират хола ўз онамиздай бўлиб қолдилар. У кишининг меҳрларига хиёнат қилиб, невараларига кўз олайтирмаслигимиз керак.

-Биринчидан, сенинг доим мана шундай “биринчидан” “иккинчидан” деб гапираверишинг жонга тегди. Иккинчидан, ўзингни бунча ақлли қилиб кўрсатма, учинчидан эса, бу кўнгил иши, агар кўнгил кетса, оқ халатми, қора халатми, фарқи йуқ! Уйқу ўрин танламас, деганларидек севги ҳам халат танламайди.

Шундан кейин Рустам Шокирга бу мавзуда бошқа гап очмади. Аслида у ўзи билмаган ҳолатда Нилуфарни Шокирдан қизғанаётган эди. Нилуфар келган кунлари негадир у ташқарига чиқишга хижолат чекар ва доим деразадан қараб қўйиш билан чекланарди. Шокир эса уйга кирмасди. Ташқарида ўрмалашган, Нилуфарга ёрдам беришга уринган ва ҳатто ҳовлини супуриш, сув сепишларга қадар индамай “бажариб” қўяверарди. Иши тоза бўлмагани учун Махфират холага ёқмасди.

Махфират хола ёши бир жойга бориб қолган бўлса ҳам жуда ҳаракатчан аёл эди. Саҳарлаб Эски Жува бозорига чиқиб кетарди. Шаҳар ташқарисидан мева-чева олиб келганлардан кўтара харид қилиб, доимий бозорда ўтириб сотадиганларга берарди. Шу йўл билан ўзига керакли пулни ишлаб оларди.

-Кун бўйи бозорда ўтириш осон эмас, бунинг учун яхшилаб ухлаб олиш керак. Улар менга ана шу уйқу пулини берадилар. Мен мева-чеваларни сотиб олиб уларнинг жойларига қўйиб қўяман. Аслида мен эмас, эгалари қўйишади. Мен жойини кўрсатиб, пулларини бераман, холос,-дея у қилган ишидан доим ғурурланар эди.

У эрталаб исиқ нон билан бирга албатта ёнида бирор нарса олиб келарди. Рустамнинг яхши кўришини билгани учун унга бир косада қовурма лағмон келтирарди.

Махфират хола Рустамнинг бошига келганларни эшитгандан бери унга худди ўз ўглидек муомала қиладиган бўлганди. Ҳатто овқатни келтириб қўйганда Рустам ухлаб ётган бўлса, секин унинг бошини силаб, кейин чиқиб кетарди. Бу эса, Рустамнинг хўрлигини келтирар ва бошини ёстиққа босиб йиғларди. Чунки ҳеч нарса қила олмаётган, на отасидан, на укасидан хабар топмаётган эди.

Махфират хола бу гапларни Нилуфарга ҳам айтган шекилли у ҳам Рустамга меҳр кўрсатишга интилар эди. Бу эса унга ёқмади. Ҳатто Нилуфар Шокир билан қаҳқаҳа отиб кулиб турган бўлса, Рустамни кўриши билан бирдан тинчиб қолар ва бошини эгиб турарди. Бир зумдан кейин эса бошқа мавзудан гап очарди. Балки шу боисми Рустамнинг унга кўрингиси келмасди. Лекин Махфират хола билан гаплашгиси келарди. Хола узоқ йиллар адабиёт муаллими бўлган ва билмаган нарсаси йўқ эди. Рустам ҳам адабиётни яхши кўргани учун гаплари қовушар эди.

-Йигирма тўққиз йил дарс бердим. Тошкандаги ёзувчи ва шоирларнинг ярми менинг ўқувчиларим. Қўйдек юмшоқ болалар эдилар. Мана энди биттаси қаҳрамон шоир, иккинчиси партияга раис. Сени улар билан учраштириб қўйсам, аданг ва укангни топиб берадилар. Нима бўлганда ҳам улар тилларини сайратган муаллимларининг гапини қайтаришмаса керак. Лекин.. пенсияга чиқаётганимда мактабдан газетага эълон беришди. Аммо биттаси ҳам келмади. Аввал хафа бўлдим. Буринлари осмонга етган-да, муаллимларини йўқлашмади, деб. Кейин ўйлаб қарасам, мен ўз ишимни бажарган, улар ҳам ўз ишларини бажараётган эканлар. Балки ўша газетани кўрмаган ҳам бўлишлари мумкин-да? Мен худди уларга яхшилик қилиб қўйиб, энди жавобини кутаётган экандекман. Яхшиликка жавоб кутилмайди, болам. Аммо кўнгил кўнгилда, балки аввал биргалашиб уларга хат ёзармиз, дарров чақириб қолишар, кейин биргалашиб борамиз, мушкилимиз кушод бўлади, Худойим сани мушкулингни кушод қилиш учун ҳам менинг ҳузуримга жўнатган-да,- деб унинг елкасига қоқиб қўйганди бир куни Махфират хола.

Рустам ана шуларни ўйлаб ётар экан. Собитхон қорининг суҳбатини ҳам унутган эди. Шу пайт хонанинг эшиги тақиллади.

-Ким?-деди Рустам.

-Кечирасиз, безовта қивомман, ойим чақирвоттила!

Бу Нилуфарнинг овози эди. Рустамнинг юраги дуккиллаб кетди. Унинг овозини эшитиши билан саросимага тушарди. Нега бугун эрталабдан келибди? Дарвоқе, бугун дам олиш куни ва унинг келадиган куни. У ўзининг онасини “опа”, Махфират холани эса “ойи” дер эди.

Нилуфарнинг бўйи унчалик баланд эмас, аммо сочлари узун эди. У сочларини бошига чамбар қилиб боғлаб олар ва ўғил болаларнинг шимига ўхшаган лозимни кийиб, почасини шимариб, кўйлагининг бир қисмини лозимига қистириб, ишга киришиб кетар эди. Кўзларининг умумий кўриниши қорамтир, аммо таги кўкимтир эди. Бу эса унинг қарашларини ўткир қиларди. Юзида кулгичлари бўлиб, жиддий гапираётганда ҳам кулиб тургандек туюларди. Бурнининг устида битта катта хол бор эди. Бу ҳам ўзига ярашарди. У тиббиёт институтида ўқигани учун кўп нарсани очиқ гапирар, очиқ тортишар эди. Уялиб ўтирмас эди. Шокир ҳам шундай бўлгани боис уларнинг суҳбати қовушарди. Аммо Шокир уни чин дилдан яхши кўрмасди. Чунки Нилуфар ҳақда гапириб:

-Қиз бола ҳам шунақа бўладими? Одамларни яланғоч ҳолда амалиёт қилганларини уялмай айтиб берадию қўлини ушлайман десанг жаҳли чиқади,-деганди Шокир.

-Сен унинг жаҳлини чиқарма, нега қўлини ушлайсан?-деб жавоб қилганди Рустам.

-Нега ушламайин. У илгари бу ерга ҳафтада бир келар эди. Ҳозир эса ора бир кун шу ерда. Бу бекорга деб ўйлайсанми?

-Кўнглинг бузуқда. Балки ҳозир дарслари кеч тугайдиган даврдир?!

-Э, бунча ҳам анқов бўлманг, дўстим, ҳар кун тушдан кейин шу ерда, келишимизни пойлаб ўтиради-ку?! Анов куни Акмалхон акадан сўраб, почтахонага эмас, уйга келгандим. Аммо кампир овқатга тушган пашшадек халақит қилди. Ташқарига олиб кетай десам, кўнмади. Кино-пинога олиб борайин десам, ҳам рози бўлмади. Нози осмонда.

-Овқатини еган уйга ёмон қарамайдилар…,-деди Рустам овози ичига ютилиб.

-Э, аслида бу ҳам савоб иш. Бечоранинг кўнглини тополмай ўтирганимиз эса гуноҳ!

Ўша кун оз қолсин, иккаласи уришиб кетарди.

Рустам шуларни ўйлаб ҳовлига чиққанда Махфират хола сўрида ўтирган экан, саломига ҳам алик олмасдан унга дакки бера бошлади:

-Ўзинг саҳарга яқин ишдан келган бўлсанг, нага ухламайсан? Яна ўша савил қогур магнатафонни қўйиб еҳитганинг эшитган-ми?!. Нима у санга нон-туз берадими? Одам деган бир нарсага муккасидан кетмайди. Ҳамма нарсанинг тош-тарозиси бор. Оллоҳим, ақлни сенга ҳам берган. Ўзинг ҳам ўйлашинг керак. Фақат бировларнинг ўйлаганига қулоқ тутиш керак эмас. Эшитма демайман, эшит. Биламан ўша Собитхон кўп ақлли одам. Локин динни ипидан игнасига қадар билиш унга керак. Билиш унинг вазифаси. Чунки иши, ҳаёти шу. Санга эса намозингни ўқиш билан икки учта нарсани билсанг, кўнглинг тўғри бўлса етади.

-Лекин…,-Рустам неварангизни олдида мени изза қилмоқчимиз дегандек Махфират холага зимдан кўз қирини ташлаб қўйди. У эса парво ҳам қилмади.

-Лекин-мекинингни манга айтма. Ман биламан, бу ёғим кетиб, нарёғим яқинлашиб қоган. Кўнглим эса тўғри, одамларга хиёнат қимайман, қўлимдан келса, яхшилик қиламан, келмаса, уни ҳам айтаман. Оллоҳимнинг биз бандаларидан истагани ҳам шу! Сани эса бутун ҳаётинг олдингда, нима, иккинчи Собитхон бўмоқчимисан? Йуқ бўломийсан. Унақаси битта бўлади. Уни учун туғилган кунингдан бошлаб тайёрланишинг керак эди. Вақтни ўтказиб юбординг. Тўғрисини айтайми, улар ҳам баъзан ошириб юборадилар, тоғдек талаб қилсанг, тепадек оласан, деган ўйлари бўлади-да. Ҳамма нарсанинг меъёри бўлиши керак. Ширин деб фақат қанд есанг ҳам бўмийди, ёки қуруқ нон билан бир умр яшаш мумкин-ми? Сариқ ёғни бир ўзини еб кўр-чи? Кўнглинг айнайди. Нонга суриб есанг эса маззаа қиласан. Баъзан нонни сувга ботириб ейсан, баъзан қаймоққа. Хуллас, болам, нари-берингга қараб иш қигин!

Нилуфар жуда чўзиб юбордингиз-ку дегандек Махфират холанинг енгидан тортиб қўйди.

-Сан қиз тушмагур ҳам шунинг томонини оласан, нима юрак-пурагингни олдириб қўйганмисан!

Кутилмаган бу гапдан Нилуфар қанча қизариб кетган бўлса, Рустам ундан ҳам баттар аҳволга тушди. Аммо бу гап ҳар иккаласига ёққанини Махфират хола сезди. Унга шу керак эди. Буларни кутилмаганда синаб кўрмоқчи эди. Қачондан бери Нилуфарнинг ота-онасига унинг “бошини иккита қилиб қўйиш” ҳақида гапирарди. Аммо Нилуфар ўжарлик қиларди. Ҳали у ёқмайди, ҳали бу. Келган совчиларнинг аста-секин кети узилганди. Махфират хола шундан ташвишда эди. Неварасининг қари қиз бўлиб қолишини истамас,  тезроқ  тўйини кўришни озру қиларди.

-Рустамжон, ман бозордан у-бу нарса олган эдим, мана бу қиз тушмагур оғир деяпти, шуни биргалашиб уларнинг уйига ташаб келларинг. Истасаларинг қайтишда “Панарама”га бориб, битта кино кўрларинг, бозордагилар “Янги индийский кино келибди” деб айтаётгандилар. Раж Капурнинг кўринмай кетган ўғли ўйнаганмиш. Нулуфарга ўхшаган қиз бору, у ҳам чиққанмиш. Рустамжон, сан ҳам уни бир кинода кўргандек бўласан, борларинг, қоқиндиқлар.

Рустам нима қилишини билмай қолди ва Шокир қайтиб келганда унга айтиб қўярсиз, дея оғиз жуфтлади:

-Шокир…

Махфират хола гапни бошқа томонга буриб, дарров унинг оғзига урди.

-Шокир ҳам одам бўптими? У валдар-вулдур, бир қоп ёнғоқ. Унга берадиган қизим у ёқда турсин, бир коса шўрвам ҳам йўқ, билдингми?!

Энди Рустамнинг оёқ учларига қадар музлаб кетди. Тиззалари қалтирай бошлади. Бир нарса “гуп” этиб бўғзига тиқилди. Нилуфар эса жаҳли чиққандек:

-Нималар деяпсиз бунча, ҳазил ҳам эви билан-да, ойи,-деди.

-Биласанлар ман чўрткесарман. Бўладиган иш бўлиши, пишадиган қовун пишиши керак. Нима биттанг деразадан пойлашинг, иккинчинг бошқа биттаси билан гаплашиб туриб хаёлинг ўша ёқда туришини ман кўрмайманми? Қачонгача қийналиб юрасанлар. Биттанг тутинган ўғлим бўсанг, иккинчинг неварам. Борларинг, гаплашларинг, уят жойи йўқ. Иккаланг ҳам бўй етиб қолган одамлар. Гапларинг бир-биринга мос тушмаса келларинг ўзим мослаштириб қўяман. Ҳа, Рустам сан бу ҳовлида қиз борлигини биласан, йигит деган бундай ўзига қараб юради. Ана Нилуфарга қарагин, ойдай очилиб юрибди. Сан бўлсанг бозор супурувчига ўхшаб судралиб юрасан, бор оқ кўйлагингни кийиб, у ёқ бу ёғинга қараб чиқ. Бўлмаса ёнингдаги қушни олдириб қўясан,-деди.

Бу пайтда Нилуфар аста чекиниб уйга кириб кетган эди. Рустам югуриб бориб Махфират холани ўпиб олгиси келди. Аммо ўзини босди. У худди туш кўраётгандек эди. Кейинги пайтда бошига келган даҳшатлардан кейин шодлик деган нарсани унутган эканми, юрагидаги музлик эриб кетди ва кўзлари намланди. Буни сезган Махфират хола уни бағрига босди.

-Айланиб кетай, қоқиндиқ, ўғилгинам, ўзимнинг ақлли ўғилгинам, ота-онанг кўрмаган яхши кунларни ҳам Оллоҳим сенга берсин,-деди.

Шу пайт Шокир кириб келди.

-Ҳа, яна она-ю ўғил бўлиб, дардлашиб ўтирибсизларми?-деди қўлидаги нарсаларни бир четга қўяр экан.

-Бу сафар ростдан ҳам она-ю ўғил бўлмоқчимиз,-деди Махфират хола.-Ҳозир булар кетишсин, кейин сан бинан гаплашамиз. Планларим санга ҳам ёқиб тушади!

Рустам индамай ичкарига кириб кийина бошлади. Шокир шунча “Нима гап?” деб сўраса ҳам бир нарса дея олмади.

Фақат:

-Юклари бор экан, шуни Нилуфарларнинг уйига ташлаб келишимни сўраяптилар,-деди, холос.

Рустам билан Нилуфар бекатга қадар гаплашмай боришди. Кейин Рустам:

-Кеча мен сизга ошириб юборган эканман,-деди.

-Нимани?-деди Нилуфар худди товушининг ярмини ютиб юборган каби.

-Атир масаласида, бугун Собитхон домлани эшитсам, унча ҳам босим қилмаслик керак, дегандай бўлдилар,-деди Рустам.

-Мен бўлсам, сизга ишониб бугун атр ҳам сепмабман,-дея ҳазил қилди Нилуфар.

-Ўзингиз атрдан ҳам яхшисиз,-деб юборди Рустам.

Бу унинг ҳаётида илк бор қиз болага айтган  жиддий гапи эди. Шу боис ўз гапидан ўзи қўрққандек аста қизга қаради.

-Гапингизга кўра жуда кўп атир ҳидлаган кўринасиз-ки яхши ёмонини дарров айтиб бераяпсиз…

Бу гапдан Рустам қийин вазиятга тушди. Аввалига Нилуфарнинг нима деганини тушунмади. Кейин тушундию, балки нотўғри тушундими, деб ўйланиб қолди. Унинг тили айланмаганини сезди шекилли, Нилуфар:

-Ойимнинг гапларидан жа, таъсирланган кўринасиз. Ёки иш битиб кетди деб ўялаяпсизми,-деди ярим ҳазил ва ярми чин қилиб.-Менимча, ўша домлангизни яна бир эшитиб кўринг қани, нима дейдилар, бизнинг ҳам ҳаққимиз борми ёки ойим билан сиз келишиб олсанглар, иш битиб кетаверадими?

-Биз келишганимиз йўқ. Мен ҳатто тахмин ҳам қилганим йўқ!

-Темболе,-деди Нилуфар русчалаб,- агар келишмаган бўлсангиз, тахмин қилмаган бўлсангиз, жа, қизиқ-ку? Ҳа-я, тўғри, сиз тахмин қилмаган бўлишингиз керак. Оз қолсин Шокирга элчи бўлмоқчи эдингиз, шекилли?

-Йўғе, мени нотўғри тушунманг…

Хайриятки автобус келди ва Рустам қийноқдан қутулди. У то қишлоққа етиб боргунча гап қўшмади. Фавқулодда гапдон ва шаддод бўлган Нилуфар ҳам қуйилиб қолгандек, жим эди. Фақат қишлоқда бекатда бир йигит уларга пешвоз чиқиб қолди:

-Ҳа, Нилу, қаттан кевос-сан?-деди у Рустамга парво ҳам қилмагандек кўрсатиб ўзини.

-Ҳар куни қаттан кесам, ўшаттдан кевомман, лекин ҳозир яна қайтиб кетаман. Ана буни сўрасанг санга қизиқ бўлади,-деди Нилуфар эски шаддодлигига қайтиб.

-Хўп, қатга борасан?

-“Панорама”га Раж Капурнинг ўғли Шишининг янги филми кепти. Ана шуни кўришга боровиз-а,-деди у “а” ҳарфига урғу бериб.

Қизиқ, Нилуфар Рустам билан гаплашганда адабий тилда гапирар, аммо бошқалар билан эса Тошкент шевасида сўзлашарди. Ҳар, ҳолда бу институтда орттирган “тажриба”си эди.

-Ким бинан боривоссан?

-Рустам акам минан-де,-деб Рустамга ишора қилди Нилуфар.

Ҳалиги йигит Рустамга бошдан оёқ қаради-да:

-Мана гап қаерда экан,-деди,- Совчилар остонасини ялаб юборишди, аммо бирортасига ҳам рози бўмади. Ўзим ҳам бир гапи бор деб ўйлаган эдим.

Рустам ҳайрон бўлиб қолди. Ким экан бу йигит? Ҳар ҳолда совчи бўлганлардан бири бўлса керак? Улар қўл бериб саломлашдилар ва дарҳол хайрлашдилар ҳам.

-У юридическида ўқийди. Ўзини прокурор деб билади. Мактабда бирга ўқиганмиз. Отасининг пулига ўқишга кирган…

Шундай дедию Нилуфар бирдан жим бўлиб қолди. Балки ойим Рустамга айтган бўлсалар-чи деб ўйлади. У мактабни аъло баҳога битирди. Тиббиёт институтига ҳужжатларини топшириб, яхши баҳо олиб ўтди. Аммо икки йилдан кейин билдики, ота-онаси кимгадир пул олиб бориб беришган экан. Буни ҳам Махфират хола оғзидан қочирмаганда билмасди. Шу боис ўз гуноҳидан ўзи уялган боладек индамай қолди.

Улар Нилуфарларнинг уйига кириб борсалар ҳаммаёқ супирилган, сувланган эди. Онаси Рустамнинг елкасига қоқар экан:

-Бир чимдим ош дамладим, ҳозир амакингиз ҳам кеб қоладилар. Ош еб, кейин кетасизлар, ўша кино қочиб кетмас,-деди.

Тавба, кино ҳақда қаёқдан билдилар экан, деб ўйлади Рустам. Кейин, балки Махфират хола сим қоққан бўлса керак деб ўйлади. У Нилуфарнинг онаси ва отасини Махфират холанинг уйида бир неча марта кўрган. Аммо уларнинг уйига биринчи бор келиши эди. Шу боис бироз тортиниб ўтирди. Нилуфар эса ошхонада онаси билан писир-хисир қилиб нималарнидир гаплашар эди. Рустам ҳам хурсанд эди, ҳам хафа. Бир томондан хаёл қилишга ҳам қўрққан нарсаси бир зумда амалга ошай деб қолди. Иккинчи томондан онаси шундай кунларини кўрмади. Отаси ва укаси қаерда? Наҳотки бир шодлик уларни эсдан қувиб чиқарса? Уларни топмасдан қандай қилиб тўй ўтқазади. Э, қанақа тўй, деди у ўзига. На жойинг, на молинг, на мулкинг бор-у, қандай қилиб уйланасан? Ёки Махфират холанинг зах босган кулбасида яшайсизларми? Балки бу ҳовлига ичкуёв бўлиб келиш ниятинг бордур?! Э, йўқ, олдин оёқда туриб олишинг, даданг ва укангни топишинг, ана ундан кейин уйланишинг керак. Ҳозир эса онанг, балки дадангнинг ҳам руҳини чинқиратаяпсан?! Тўхта, ҳали ким сенга тўйдан гап очди? Балки шунчаки унаб қўйишмоқчидир? Балки Нилуфарнинг ўқиши битишини кутишар? Балки мен ҳам ўқишга кирарман?

Ана шундай кети узилмас саволлар гирдобида қолган Рустам қандай ош еганию, қандай филмни томоша қилганини ҳам билмади. Ора-сира Нилуфарнинг саволларига жавоб берган бўлмаса, деярли гаплашмасдан бориб келдилар.

Махфират хола эшик ёнида кутиб ўтирган экан.

-Уфф,-деди Нулуфар,- ойи, ёрилиб кетай дедим, бу кишига гапириб ҳам бўлмайди. Атир ҳақида бир ҳазил қилувдим, шу билан ишлари битди, қандай бориб, қандай келганларини ҳам билмайдилар.

-Ҳаммани ўзингга ўхшаган шақилдоқ деб ўйлама, йигит боланинг оғир бўлгани яхши, у ҳам сенга ўхшаган оғзингдагини олиб, ёқангга чаплайдиган бўлса, оила юрмайди. Биттаси плус бўлса, биттаси минус, Оллоҳим ўзи шундай қилиб тузиб қўйган,-деди Махфират хола.

-Қанақа оила. Жа, ошириб юборасиз-а, ойи,-дея Нилуфар ичкарига кириб кетди.

-А, хўп, истамасанг, бор уйинга кетавер, мен бировни мажбур қилмайман,-деди Махфират хола Рустамга кўзини қисиб.

-Ярим тунда қаёққа кетаман!,-деган овоз келди ичкаридан.

-Бўпти эрталаб кетасан,-деди Махфират хола.

Нилуфар эрталаб кетгани бўйича, бир неча кун келмади. Рустам учун дунёнинг қолган қисми ҳам қоронғу бўлди.

Махфират хола фақат “Ўша кун нима гап бўлди?” дейишдан нарига ўтмасди. Рустам эса “Ҳеч нарса” дейишдан.

Шокир бўлса:

-Ичингдан пишиб кетган экансан, туз еган ҳовлига кўз тикма, деб ақл ўргатгунча, мен унинг қўлини ушлаб қўйганман, десанг ҳам тушуниб олардим,-дея ундан ўпкалар эди.

Рустам тезроқ отаси ва укасидан дарак топиш орқалигина бу масалага ҳам қайтишни ўйласа-да юрагининг ярми ҳар куни “Нилуфар! Нилуфар!” деб дукиллаётгандек уни бир лаҳза ҳам ёддан чиқара олмас эди. Лекин айни пайтда Нилуфар ўз қарорини берди, шекилли, мени истамади, деб ҳам ўйлай бошлади. У яна бир ҳафта келмаса Махфират холаникидан кўчиб кетаман, деб жой ҳам қидиришга тушди.

Отаси ва укаси ҳақида Собитхон домлага айтганди у:

-Ука, бу энди бизнинг ваколатимизга кирмайди, ҳукуматнинг ишларига аралаша олмаймиз, лекин Муфтимиз – депутат, унга бир айтиб кўраман,-деди.

У Собитхон қорининг ҳузуридан чиқар экан, уни кузатган йигит:

-Биласизми, муфтимиз билан бир неча ойдан бери гаплашмайдилар. Муфти бу кишини узоқдан туриб ёмонлаб юрганини, бу ердан кетказмоқчи бўлганини эшитиб қолиб, жуда хафа бўлгандилар. Мана энди, шунга қарамай сиз учун бориб гаплашмоқчилар. Балки, Муфти сулҳ истаса, сизнинг ишингизни ҳал қилиш билан қори акамизнинг ҳам кўнгилларини топар,-деди.

Рустам муфти ҳақида кўп эшитган. Аввал у униб-ўсган маҳаллада ижарада турганди. У ерда муфтининг отасини жуда ҳурмат қилишар экан. Совет даврида ҳам ҳеч кимдан қўрқмаган эди, дейишарди.

Аммо Абдусоли қори муфтини ёқтирмас экан. Сабоқ олишга келганлар орасида бу борада ўзаро баҳслар бўлиб турарди. Кимдир муфтини раҳбарлар билан келишиб иш битирадиган одам деса, бошқаси сессияларда индамай ўтиради, чунки коммунистик партиянинг рўйхатидан депутат бўлган дерди. Бошқа биров эса уни билимдон деб мақтаса, яна кимдир юртбошини сайлатган шу одам дерди.

Рустам улар ҳақларидаги баҳсларга ҳатто қўшилишга чўчиб,  ҳақларида гап айтишга истиҳола қилиб юрган одамларига мана энди тақдир ипи билан боғланиб бораётган эди. Собитхон қори билан бир неча марта юзма-юз гаплашди. Шу кетишда муфти билан ҳам учрашиб қолсам керак деб ўйлади.

Рустам ўзида енгиллик ҳис этгандек, кечга томон уйга кириб келганда яна бошидан тегирмон тоши босилди. Махфират холанинг фарёдидан эсанкираб қолди. Хола қўллари билан тиззасига урар, сочларини юлиб, юзларини тимдалар ва:

-Нилуфарим! Нилуфарим!,-дерди бўғиқ овозда.

Рустамнинг тиззаси букилиб кетди. Нима бўлди?

“Нилуфар?!” …

Унинг қулоқ пардаларига Махфират холанинг қичқириғи ўқ овозидек узлуксиз урилаётган эдими, ёки юрагидаги ҳайқириқ қулоқларига кўчмиди, ўзи ҳам билмади.

ТЎРТИНЧИ БОБ

Ҳамидхон Қорабой акани кўндирганидан мамнун эди. Энди Отабекни ҳам синдирсам “иш битди” деб ўйлаётган эди. Зотан эртага эрталабки рейсда Тошкентга учиши керак, уни Бош прокурор Мустафоевнинг ўзи чақирган. Қайнотасининг айтиши бўйича Президент билан ҳам учрашиб қолиши мумкин. Шу боис кўнглида қилаётган ишидан ифтихор туяётган эди.

Ҳамидхон жуда камбағал оилада туғилди. Уч ака-ука эдилар. У ўртанча ўғил. Акаси ва укаси новча, кучли, аммо у семиз ва заиф. Отаси худди хўроз уриштирган каби уларни доим курашга туширарди. У акасидан ҳам, укасидан жуда осон енгилар эди. Уни гурсиллатиб йиқитиб, устига миниб олишар ва “бир қоп қум, гум-гум-гум!” деб мазах қилишарди. У ҳар қанча кураш тушишдан қочса ҳам, отаси барибир уни чақирар ва йиқилганда  устидан куларди. Кейин;

-Сан ҳеч одам бўлмайсан, акангга қара ёки укангдан ўргансанг ўласанми?-дерди.

У отасини ёмон кўрарди. Шунинг учун онасининг пинжига тиқиларди. Мактабда ҳам дарслари яхши эмас эди. Семиз ва лўппи, юзлари худди қизларникидек тиниқ ва силлиқ бўлгани учун болалар уни бурчакка тортиб ўпишар, “Ҳамида, Ҳамида…” деб мазах қилишар эди. Бунинг устига исмига қўшилган “хон” қўшимчаси ҳам болаларга қўл келар ва улар “Хон, битта ўпич бермайсанми?” деб унинг устидан кулишар эди. Мактабда у ўзи билмаган ҳолда қизларга яқин юрадиган бўлиб қолди. Уйда эса онасининг ёнидан силжимасди. Бир куни отаси ва онасининг жанжалини эшитиб қолди:

-Сан бу хунасани бунча ўзингга яқинлаштирма! Борган сари қиз бола бўлиб кетмоқда,-деди отаси.

-Унақа деманг, нима, боламни кўкрагидан итараманми?-эътироз билдирди онаси.

-Сан калласини еган аёлга нима деяпман? Бу боланинг келажагини ўйлайсанми, йўқми? Мен уни курашга ўргатиб одам қилмоқчиман. Ана мактабда ҳам ўқишлари расво эмиш. Ҳамма уни “хунаса” деб чақирадиган бўпти…

-Сиз шундай дегандан кейин, улар нима қилишсин?

-Чанангни ёпасанми йўқми? Ҳозир бир тепаман, ҳам мандан ейсан, ҳам девордан… Агар бундан кейин унинг ёнингга тиқилганини кўрсам, ўпкангни узиб оламан!

-Нима, мени боламдан айирмоқчимисиз?-онаси гарчи отасининг авзойини билиб турган бўлса ҳам тилини тиёлмади.

Отаси онасини дўппослай кетди. Ҳамидхон чинқирганча келиб, онасига ёпишган эди, отаси унга муштини ўхтади. Отасининг муштидан сақлаш учун онаси уни зарб билан бир томонга итариб юборди.

Ҳамидхоннинг онасидан ҳам кўнгли қолди. Шундан кейин мактабдан келиши билан ҳовлининг тўридаги дарахтлар тагига бориб ўтирадиган бўлди. Ташқарига чиқса болалар, уйга кирса отаси, ака-укаси, онаси… Хуллас, у ичидан гуриллаб чиқаётган нафрат гирдобида қолди. Кундан кунга ана шу нафрат гирдоби уни ютиб кетаверди.

Мактабни бир амаллаб битирди, ҳеч қаерга ўқишга кира олмади. Бир куни отаси уни ёнига чақирди:

-Сани уйлантириб қўймоқчимиз, яхши жойдан қиз топдик, отаси ижроқўмнинг раиси, бахтинг бор экан, ўзлари сани ўқитиб, ўзлари ишга жойлаб қўймоқчи. Расулбек аканинг қизи, танисанг керак, сендан бир йил олдин мактабни битирган…

Ҳамидхон ҳеч нарса дея олмади. Аммо Нозимани билади. Мактабда овозаси чиққан қиз. Ўғил болалар уни доим ўртага олиб, эзишгани эзишган эди. Бир марта уни мактабнинг омборхонасида бир бола билан ушлаб ҳам олишганди…

Ҳамидхон отасидан жуда қўрқарди, қаршилик қила олмади. Онасининг ёнига борганди у ҳам “Шу қизга уйланасан, бунақа оиладан қиз олиш ҳар кимга насиб бўлмайди” деди.

Тўйдан кейин у уйига қайтмади. Чунки ичкуёв бўлди. Бир томондан оиласидан қутулганига хурсанд эди. Иккинчи томондан қайнотаси уни дарҳол Тошкентга, Юридик факултетга сиртдан ўқишга жойлаб қўйди ва шаҳар прокуратурасида терговчига ёрдамчи қилиб ишга жойлади. Унинг вужуди нафратга тўлгани, кўнгли қора булутлар билан қоплангани иш берди.

Бунинг устига қўлига тушган одамлар акаси ёки укаси, синфдошлари каби қаршилик қилмасди. Истаса сўкади, истаса уради, истаса таҳқирлайди. Бу ишидан ҳузур қиларди. Тағин терговчи ҳам, прокурор ҳам унинг айтганини бажаришарди. У бирор нарсани қандай ёзиш керак, деб сўраса бас, уларнинг ўзлари дарҳол ёзиб беришарди. Уни ҳар куни биргаликда ресторанларга, зиёфатларга олиб боришарди. Университетга керакли ёзув-чизувларни ҳам улар бажариб, ҳатто биргасига Тошкентга бориб келишарди.

Шу баҳонада прокурор унинг қайнотаси билан ака-укадек бўлиб қолганди. Туман прокурори учун вилоят ҳокимининг биринчи ўринбосари билан яқин бўлиш катта гап эдида. Қолаверса, ҳуқуқ тартибот соҳасини у назорат қиларди. Бу ишга ўтгандан бери ҳам барибир одамлар уни олдинги вазифаси билан атаб “ижроқўм раиси” дейишарди. Унинг бор-йўғи битта фарзанди бўлгани учун ҳам Ҳамидхонни ичкуёв қилиб олганди. Ҳар турли гап чиқмасин, деб қизини назоратда сақлаб туриш ҳам кўнглида бор эди. Чунки қизининг оёқ олиши яхши эмаслиги қулоқдан қулоққа ўтиб, унга қадар етиб келганди.

Нима бўлганда ҳам бу хонадон Ҳамидхонга бегоналик қилмади.

Ҳамидхон дипломини олиши билан қайнотаси уни МХХга ишга ўтқазди. Бир куни қайнотаси:

-Кеча Ислом акам билан гаплашдим, менга вилоят ҳокимлигини таклиф қилдилар, аммо мен у кишига сизни тавсия қилдим, содиқ ўғлингиз каби хизмат қилади,-деб айтдим. ”Мард одам экансиз, ҳамма ҳам куёвини ўйлайвермайди. Бир кун юборсангиз гаплашиб кўраман. Аммо олдин бироз ўзини кўрсатсин” дедилар. Мен раҳбарингизга ҳам айтдим. У ёрдам беради,-деди.

Расулбек Ислом Каримовнинг қайнотаси билан яқин эди. Бирга чой ичиб, бирга дам олишга бормасалар бўлмайдиган даражада дўст эдилар. У Татянани ҳам болалигидан бери билади. Татяна Расулбекни “Дядя” деганда унинг қулоғига “Дада” деб эшитилгандек бўларди.

Каримов билан ҳам узоқ йиллардан бери танишлиги бор. Каримов Давлат планлаштириш идорасида ишлаганида унинг Тошкентнинг “Светлана” деган жойида, партия мактабининг шундай қаршисидаги уйига тез-тез бориб турарди. Вилоятга нима керак бўлса, ҳамма ишини у орқали битирарди, баъзан Москвадан ўндириладиган нарсалар учун ҳам Каримовни орага қўйишарди.

Ўзбекистонни Гдлянчилар босганда улар Расулбекни терговга чақиришди. Шунда Каримов орага тушиб, Расулбекни Марказқўмга янги ишга келган иккинчи котиб Анишчев билан таништирди. Расулбек Анишчевга ҳам ёқиб қолди. Юмшоқ, доим табассум қилиб турадиган, жуда кам гап, ҳамма ишни ими-жимида битирадиган бу одам Гдляннинг ҳам ишончли вакили бўлди. Ўшанда Ҳамидхонни уларга ёрдамчи қилиб берди. Гарчи Ҳамидхон Гдляннинг сумкасини ташиб юрган бўлсада, Расулбекнинг кўрсатмаси билан жуда кўп одамни қамоққа тиқишда, қилмаган ишларини ҳам бўйнига қўйишда “жонбоз”лик кўрсатди. Кўпинча у Гдлян ёки Ивановга ўзбек маҳбусга қандай муомала қилиш ва тергов қилинаётган одамни қандай тузоққа тушириш, унинг нозик нуқталари ҳақида маслаҳат ҳам берарди. Терговга тортилганларнинг оналари, хотинлари, болаларини қийноққа солиш, уларга маънавий таъсир қилишда Ҳамидхон Гдлянни ҳайратда қолдирганди. Албатта ҳар бир ҳаракатини қайнотаси билан бамаслаҳат қиларди.

Каримов Расулбекка ишонар ва у олиб келган нарсалардан шубҳа қилмас эди. У Марказқўмга биринчи котиб бўлган кезларда Москвага тўла-тўла “дипломат”ларни ташиш ҳам Расулбекка юклатилганди.

Мана энди Расулбекнинг омади чопган, ҳатто мушук ҳам унинг олдини кесиб ўта олмайди. Унинг бир ишораси билан Ҳамидхоннинг акаси савдо идорасига бошлиқ бўлди. Укаси эса Давлат автоинспексияси раҳбарлигини олди. Ҳамидхон ич-ичидан бунга қарши эди. Аммо қайнотасига бир гап айтишга тил жуфтлай олмасди.

Хуллас, Ҳамидхонни МХХнинг вилоят бошқармасида аксилтеррор бўлимининг бошлиғи этиб, шов-шувли ишларга қўядиган бўлдилар. Тезда ҳуқуқ-тартибот ходимлари орасида номи чиқиб қолди. МХХ доирасида ҳам ҳамма у билан ҳисоб-китоб қиларди. Унинг қайнотаси ким эканлигини билмаган йўқ эди. Ишга тайинланадиган барча кадрлар ва ишдан олинадиганларни ҳам текшириш унга юклатилганди. У фақат бошқарма бошлиғига ҳурмат кўрсатар ва қолганларни одам ҳам ҳисобламас эди. Аммо ҳамма унинг олдида пилдираб, қуллуқ қилиб турарди.

Ички ишлар бошқармасининг 7-бўлимига катта лавозимда ишлайдиган одамларни кузатишни топширганди. Юзлаб ёш йигитлардан ташкил топган бу бўлимдагилар кечаю кундуз раҳбарларнинг қилмишлари ҳақида ҳужжатлар тўплашар, ким билан, қаерда учрашганлари тўғрисида фотосуратлар келтиришар ва бошқарма бошлиғи ҳаммасини Ҳамидхонга топширарди.

Бу бўлим расман ички ишлар бошқармасига тобе бўлсада, аслида МХХнинг “кўз-қулоғи”га айланганди. Ҳамидхон бу бўлимга ҳокимиятдан қўшимча маблағ, янги машиналар олиб берар, штатларини кенгайтириб, мухолифатни, диндорларни, ишбилармонларни ҳам кузатишни юклаганди. Расулбекнинг аралашуви билан тез орада бу тажриба бошқа вилоятларга ҳам ёйилди.

Ҳамидхон 7-бўлимдан келган ҳужжат ва расмларни қайнотасига берар ва раҳбарларнинг топганини шилиб олишарди. Бу ўзига хос бир тизимга айланди. Катта-кичик раҳбарлар халқдан юлиб, ўзлари билмаган ҳолатда анчагинасини Расулбекка олиб келиб топширар эдилар. Расулбек эса ўзи ва Ҳамидхоннинг ҳақини сақлаб, қолганини Тошкентга юборарди.

Ҳамидхон акаси ва укаси ҳақида 7-бўлим тўплаган ҳужжатларни сейфга солиб қўяр ва бир кун керак бўлиб қолади деб ўйларди.

МХХда унинг бир нечта хонаси бор эди. Биттасини худди амирларники каби ўхшатган ва у ерда айшу ишрат қиларди. Одамларни сўроқ қилиш ва қийноққа солиш учун ҳам алоҳида хоналари бор. У нафақат вилоят ва балки мамлакат доирасида ҳам жуда муҳим одамга айланганди. Мана энди бевосита президент билан боғлиқ ишни ҳам унга ишониб топширишди.

…Отасини кўндирдим, боласини ҳам кўндираман, деб ўйлаган Ҳамидхон Отабекни сўроқ қилаётган ҳамкасбининг хонасига кириб борди.

-Қалай бўйнига олдими?-деди у ҳамкасбига.

-Ўжарлик қилаяпти,-деди ҳамкасби.

У ҳамкасбини жеркиб берди-да Отабекни ўзининг хонасига олиб келди:

-Мен сен билан Отабек-Кумушбиби ролини ўйнаб ўтирмайман. Нима десам “Хўп!” дейсан! “Хўп!” демасанг барибир “Хўп!” дедираман. Ундан кўра қанча тезроқ кўнсанг, ишни шунча тез битирамиз…

У шундай деб сейфдан қийноқда қўлланиладиган “темир-терсак”ларни олиб, столнинг устига қўйди. МХХда қийноқда ишлатиладиган нарсаларни “металлом” яъни “темир-терсак” дейишарди. Уларнинг ҳаммаси худди жарроҳлар амалиётда қўлланадиган асбобларни эслатарди. Қайчидан жуволдизга қадар инсоннинг вужудига ботиши ёки бирор жойини кесиши, қўпориши мумкин бўлган нарсалар… Уларни қийноқда ишлатгандан кейин тозалашмайдими худди занг босгандек бир вазиятда. Балки ваҳимали кўринсин деб атайлаб шундай қилиб қўйишганми?! Хуллас, уларга қараган одам худди қотиб қолган қон доғларини кўргандек бўларди.

-Биласанми,  каратэ синфига борганман.  Битта уришимдан ер тишлаб қолишарди. Сан анча пишиқ болага ўхшайсан. Сени уриб, қўлимнинг қичиғини қолдирадиганга ўхшайман. Мана бундай қилиб…

У Отабекнинг жағига шундай урдики у ўтирган столи билан бирга деворга бориб урилди. Деворнинг гумбурлаб кетишидан қўшни хонадагилар ваҳимага тушиб югуриб келишди:

-Тинчликми, Ҳамидхон ака!

-Бу тирранча менга қўл кўтараяпти. Мени ҳўппа семиз, бир урсам юмалатаман деб ўйлаяти шекилли?! Ёки мактабда семиз болаларни уриб юрганга ўхшайди. Онасини Учқўрғондан кўрсатиб қўяман, бу ҳаромини!- дея одати бўйича тўқима гап қилди Ҳамидхон.

Отабекнинг эса лаби ёрилган ва қон оқаётган эди.

-Ҳей ҳезалак, сени пишиқ десам, хом экансан-ку?! Аёл киши ҳам қонини оқизмаслик йўлини қилади, сан нега қонингни томчилатаяпсан, ма, артиб ол,-дея Ҳамидхон унинг устига қоғоз сочиқни отиб юборди.

-Қулоқ сол!-деди кейин.-Ўша қизни яхши кўрганинг рост. Унга хат ёзганинг ҳам рост. Мана унинг уйидан топилган хат. Имзо сеники. Мана экспертиза хулосаси. Ўзиям жа, шоир бўлиб кетибсан, “Кумушбиби” деб шеър ёзганингга ўлайми? Қизни мухолифатнинг идорасида зўрлашгани ҳам рост. Мана “Зўрладик” деб ёзиб берилган тилхатлар… Ўзлари ҳам шу ерда. Келиб башарангга айтиб беришади, керак бўлса! Қиз ўзини ўлдиргани ҳам рост. Демак, 81-ни қўяман сенга. Қасддан одам ўлдириш. Отувга қадар кетасан! Агар менга қулоқ солсанг қутулиб қоласан.

-Мен уни кўрганим йўқ, ахир…-деди Отабек аранг.

-Қулоқ сол, итвачча! Сен уни қидириб уйига бординг, тополмадинг, кейин унинг акаси ишлайдиган жойга бординг. Унинг бориб акасига ёрдамлашиб туришини билардинг. Борсанг акаси йўқ. Аммо беш олтита мухолифатчи ичиб олиб, наша чекиб, уни зўрлаяпти. Орасида исломчилар ҳам бор эди. Исмларини билмайсан. Аммо расмларини биз кўрсатгандан кейин танидинг.

-Бўлмаган гапку бу!

-Эшшак, қулоқ сол деяпман, сенга, бу сенинг биттаю битта йўлинг. Бошқа йўлинг йўқ. Барибир шуни такрорлатаман сенга. Боя отанг ҳам қаршилик қилди. Аммо кўзининг олдида онангни зўрлаганимиздан кейин рози бўлди…

Отабекнинг кўзи бир ҳовуч чўғга айланди ва ўрнидан туриб Ҳамидхон томонга ташланди.  Ҳамидхон ўзини четга тортиб, уни туртиб юборганди елкаси бориб сейфга урилди. Кейин орқасига икки мушт еб чўкиб қолди.

-Энди сенинг олдингда зўрлаймиз уни!

У шундай деб ташқарига чиқиб, қайтиб кирди ва зум ўтмай Отабекнинг онасини олиб келишди. У ҳали ҳам ички кийимда, ҳали ҳам дилдираб турарди. Отабек юзини ёпиб олди. Ҳамидхон унинг қўлини орқасига тортиб кишан урди. Сочидан ушлаб бошини тепага кўтарди ва׃

-Кўзингни оч,-дея ўшқирди.

-Онамга жавоб берларинг!-деди Отабек.

-Бўйнингга оласанми?

-Оламан..

Онаси чиқиб кетиши билан Отабек бир силкиниб Ҳамидхонга калла қўйди. Ҳамидхоннинг жаҳли чиқди ва:

-Энди аввал ўзингни зўрлатаман, кейин кўз олдингда онангни, ана ундан кейин отангни,- дея Отабекнинг шимини еча бошлади. У қаршилик қилганди тиззаси билан оёқларининг орасига тепганди ҳиққилаб қолди. Отабекни юзи билан ерга ётқизиб, эшикни икки марта урганди ташқаридан икки йигит киришди. Улар Ҳамидхоннинг имоси билан Отабекни ўгиришдида боши ва оёғидан кўтариб ерга уришди. У бир қоп қумдек ерга гурсиллаб урилди. Кейин яна орқаси билан ўгириб икки оёғига ип боғлаб ики томонга тортишди.

-Бу мазза қиладиганга ўхшайди. Бор отаси ва онасини олиб кел, улар буни зўрлаганларингизни томоша қилиб туришсин,-деди Ҳамидхон йигитлардан бирига.

Бир зумда Қорабой акани бошлаб келишди. У ўғлининг аҳволини кўриб қони қорайиб, ёмон аҳволга тушди:

-Ҳали бошлаганимиз йўқ. Айтинг рози бўлсин, бўлмаса кўз олдингизда орқасини йиртамиз,-деди Ҳамидхон.

Шу пайт онасини ҳам бошлаб келишди. Аёлнинг оғзига нимадир ёпиштириб қўйишган ва у бурнидан аранг нафас олаётган эди:

-Отабек нима деса хўп дегин, булар барибир сени мажбур қиладилар,-деди отаси,- вақти келганда ҳақиқатни айтасан, ҳали!

Отабек бошини ерга ура бошлади. Ҳамидхон уни сочидан тортиб:

-Нима қилдик, бошлайликми?-деди.

-Бошласанг бошла!-деди Отабек.

Йигитлардан бири шимини ечиб Отабекнинг устига тиз тушганди Қорабой ака мункиллаб қолди.

-Мана отангни ҳам ўлдирмоқчисан, энди отувга кетишинг аниқ. Агар хўп десанг уни дарҳол дўхтирга олиб боришади. Бўлмаса мана шу ерда хор-зор бўлиб ўлади ва сенга отасининг қотили деган айбни қўяман.

-Хўп! Хўп!!- деди Отабек.

-Қорабой акани олиб бориб дўхтирга кўрсатларинг,!-деди Ҳамидхон йигитларга.-Холанинг эса кийимларини кийгизиб ушлаб турларинг. Агар бу яна фикридан айнаб қолса, олиб келасизлар, бўлмаса уйига олиб бориб қўйларинг, дўхтир чақириб бир-ики дори-пори ҳам ёздириб берларинг!

Кейин Ҳамидхон Отабекнинг қўлини ечиб:

-Кийин, стулга ўтир. Ножўя ҳаракат қилмаки, қовурғангдан дарча очиб қўяман,-деди.

Отабек бошини эгиб ўтирар, Ҳамидхон эса қоғозга ёзиб қўйилган гапларни ўқиб берарди:

“Мен мактабни битиргандан кейин мачитга қатнай бошладим. У ерда ваҳобийлар билан танишдим. Ўрта Осиёда исломий халифат қуриш ҳақида дарслар олдим. Қурол отишни ўргатишди. Доим доллар бериб туришди ва мен бу пулни отамга бериб, савдо ишларини ривожлантиришга сарфладик. Менга кўзга ташланмаслик учун соқол қўймасликни, мачитларга қатнаб юрмасликни, дунёвий мухолифат билан ҳамкорлик қилишни, уларнинг лидерларини ваҳобийликка томон буришни, уларни ҳам демократик режимни йиқитиб, исломий давлат қуришга чақириш юклатилганди.

Шунингдек мен тайёрланган варақаларни тарқатиш билан ҳам шуғулланар эдим. Уйимдан топилган варақаларда ҳам халифалик қуришга даъват қилинган. Мен ётадиган хонадан чиққан қора дорини эса менга Афғонистондан олиб келиб беришганди. Мен уни Ўшга етказишим керак эди. Дадам орқали Москвада тайёрланаётган суиқасд ҳақида ишончли одамлар билан музокаралар юритар эдим. Мақсад президентни ўлдириш эди. Дадам бу масалада Камолов деган одам бош-қош эканлигини айтган эдилар. Ана шу мақсадларда мухолифат йиғилиб турадиган жойга борганимда у ердагилар мастлигини ва бир қизни зўрлашаётганини кўриб қолдим. Қарасам у мен яхши кўрган қиз экан. У ердаги болалардан иккитасини уриб, шалпайтириб ташладим ва қизни ҳам бир икки тарсаки уриб, орқасига тепиб, чиқариб юбордим. Шундан кейин у ўз жонига қасд қилибди…”

-Йўқ,-деди Отабек, ўлдирсангиз ҳам мен бу ёлғонга қўл қўймайман… мен қора дори нималигини ҳатто билмайман.

-Демак, онанг ва отангни бу ерга қайтарамиз. Сени ўлдириш ниятимиз йўқ. Аммо улар ўлиб қолсалар бу ҳам сенга айбнома бўлади билдингми? Мард бўлсанг ота-онангни қутқар! Ўлимга тайёрман деб айтаяпсану мана буни эшитишга тоқатинг етмаяпти…

Ҳамидхон шундай деб эшик томонга юрган эди, Отабек бирдан унга ҳамла қилди. Шундай кейин Ҳамидхон ўзини тута олмади. Отабекни ерга йиқитиб тепкилай бошлади. Кейин стол устидаги асбоблардан бирини олиб, Отабекнинг ўрта бармоғидаги тирноғини қўпора бошлади. Отабек қаршилик қиламан деган эди, Ҳамидхон уни яна тепкилади ва қўл оёғини боғлаб қўйди.

Оғриққа чидай олмаган Отабек яна ёзилганларни эшитишга мажбур бўлди.

“Биз Саудия Арабистони билан ҳам алоқа ўрнатганмиз. У ердаги Ўзбеклар жамоаси, шунингдек, Амир Олимхоннинг авлодлари ҳам бизга ёрдам қилиб турадилар. Қанча ёрдамлиги хонамдан топилган дафтарда батафсил ёзилган. Биз бир қанча ташкилотлар тузганмиз, кўринишидан ҳаммаси бошқа-бошқа бўлсада аслида битта. Уларни Абдусоли қори билан Собитхон қори бошқарадилар. Абдулла Ўтаев деган одам ҳам бор. У Миср билан ҳамкорлик қилади. Сайлов олдидан халқни оёққа кўтармоқчи эдик…”

-Ма, буни яна бир ўқиб имзола, кейин видеога гапириб берасан ва сенга жавоб!-Ҳамидхон шундай деб эшикни бир марта урганди ташқаридан бир йигит кириб келди:

-Ота-онасига ҳалигидан чойга қўшиб ичиринглар ва кейин сийдикларини анализга берларинг. Ҳужжатини бугуноқ, кечаси билан бўлса ҳам тайёрлаб қўйларинг,-деди.-Мана бу яна хархаша қиладиган бўлса, отасининг юраги санчиб ўлиб қолсин, онаси эса ўзини осиб қўйсин! Улар керак эдилар, лекин бу ишни бузса, улардан ҳам воз кечамиз!…

…Ҳамидхон учқичдан тушиб, иккита кассета ва қайнотаси берган омонат “яшил” пуллар билан тўла дипломатини кўтарганча Бош прокурорнинг хонасига кириб келганда:

-Ислом акам масалага жуда қизиқиб, бизни кутиб турибдилар, ҳозироқ боришимиз керак!-деди Мустафоев.

Улар президент саройига қараб йўл олдилар.

БЕШИНЧИ БОБ

Нилуфар ўзига келганда қаерда эканлигини билолмай қолди. Атроф зимистон, қўланса ҳид димоғига урилмоқда. Негадир кўнгли айниб, ичидан бир нарса томоғига тиқилиб келмоқда. Нима гап? Туш кўряптими? У ҳеч нарсани тушуна олмади. Бутун вужуди худди қум солинган қопларнинг остида қолган каби қимирламас ҳолда эди. Кўзлари ачишгани боис ишқамоқчи бўлди, шундагина қўллари орқасига боғлаб қўйилганини ҳис қилди. Юраги шувиллаб кетди. Бирдан чақмоқдек ялт этган нарса унинг хаёлларига Рустамнинг сиймосини михлади.

Нилуфар кейинги кунларда қийин вазиятга тушиб қолганди. Ота-онаси ҳам Махфират холанинг гапига қўшилиб, унга босим ўтказа бошладилар.

-Қиз бола вақти етганда эрга тегиши керак, кейин кеч бўлади,-дерди онаси.

Отаси ҳам фақат тўйга тайёргарлик ҳақида гапира бошлаганди. У эса Рустам ҳақида ўйларди. Рустам нимаси биландир унинг юрагига кириб борганди. Аммо Рустамни ҳали тўла билмаётгани, унинг феълидаги оғирлик, кичик нарсаларга ҳам жиддий эътибор билан қараши, хушчақчақ эмаслиги ва бошқа нарсалар ҳам унга тинчлик бермасди. Аммо қандайдир таъсир кучи бор эди. Бувисининг уйига борса, Рустамнинг ана шу таъсир доирасидан чиқа олмаслигини биларди. Шу сабабдан бормасликка қарор қилди. Ҳеч бўлмаганда бир ҳафта ёки икки ҳафта уни кўрмайинчи нима бўлади, деб ўйлади. Бир умр бирга яшаши керак бўлган одамни яхшироқ билгиси келарди.

Ўқишга бориб келаркан баъзан қайси йўлдан бориб, қайси йўлдан қайтгани ҳам эсида қолмасди. Фақат хаёллари билан олишар, кўз олдидаги Рустам сиймосини тўла кўришга уринарди…

Бирдан Нилуфарнинг эсига ёнида бир машина тўхтагани тушди. Ўқишдан қайтаётганди. Ғира-шира пайт эди. Уларнинг уйига борадиган йўлак яқинида машина тўхташи диққат тортувчи ҳол бўлса-да у қиё боқмаганди. Чунки Рустам уйларига келиб кетгандан кейин уни таниган тенгдошлари ҳам қайтадан ҳаракатга тушиб қолгандилар. Шулардан бири бўлса керак деб парво қилмади. Ўшанда кимдир югурганча орқасидан кела бошлаганини сезди. Аммо қайрилиб қарашга улгурмади. Унинг оғиз бурнига нам бир латта босилгани ва нафас олиши қийинлашганини эслайди, холос.

Наҳотки, Рустам мени ўғирлаб қочди, деб ўйлади Нилуфар. Йўқ, у қўйнинг ҳам оғзидан чўп олмайдиган бола. Қолаверса, ҳамма унинг томонида. Истаса уйимизга ҳам кириб келиши мумкин эди. Бувимга айтса, бир нарсани баҳона қилиб келишарди. У ўғирлаб келса ҳам нега бу совуқ ертўлага қўйсин? Нега қўлларимни боғласин? Бу аблаҳ Алишернинг иши. Кимдир уни МХХга ишга ўтган, ҳам ўқиб, ҳам ишлаяти деб айтганди. Отаси эса президентга маслаҳатчи бўлаётганмиш деб эшитганди. Қайси кун уни Рустам билан бирга кўриб қолди. Шундан кейин пайтавасига қурт тушган. Илгари ҳам неча марта гап очди, совчи қўйди, аммо истамадим. Мана энди аблаҳлик йўлига ўтибди. Бечора бувим, ойим-адам нима қиладилар, нима дейдилар энди? Рустам нима деб ўйлайди? Унинг кўзига қандай қарайман? Кошки розилик бериб, тўйни тезроқ ўтказсак бўлармикан? Бу нима кўргулик? Аблаҳ Алишер мени яхши кўрса, шу куйга соладими, шарманда қиладими, зах ертўлага келтириб ташлайдими? Безбет, бир куни “Сен билан иккаламиздан жуда келишган ўғил туғилади” деб уялмай-нетмай юзимга айтди. Буки, нияти бузуқ экан-да!

Нилуфар хаёлларида ўзига саволларни қалаштириб ташлаётган бир пайтда темир эшик очилиб, ичкарига бир киши кирди:

-Нилу ўзингга келдингми?-деди у.

Бу Алишер эди.

“Аблаҳ!” дея бақирмоқчи бўлди Нилуфар, лекин бақира олмади. Шундагина оғзига нимадир ёпиштириб қўйишганини сезди. Алишер келиб, ўша ёпиштирилган нарсани тортиб, шарт этиб юлиб ташладида, эгилганча Нулуфарнинг лабидан ўпа бошлади. Нилуфар тилини сўришга интилётган совуқ лабни қаттиқ тишлаб олди. Алишер бирдан ўрнидан туриб оғзини ушлганча ташқарига чиқар экан:

-Қанжиқ, онангни кўрсатаман!-деди.-Ҳали сенми ватан хоинига эрга тегадиган!

-Менга десанг ўлдириб юбормайсанми, мен ҳеч қачон сеники бўлмайман!-дея бақирган Нилуфар, Алишер эшитсин дея қаттиқ-қаттиқ тупуриб ташлади ва:

-Сен тупуксан! Туршак! Аблаҳ!- деди ва ҳунграб йиғлаб юборди.

Бир оздан кейин тақара-туқур овозлар эштилди. Ичкарига бир неча киши кириб кедли. Улардан бири:

-Қиз шу ерда экан, топдик, қўллари боғланган!-деди.

У милитсия кийимида эди. Орқадан кириб келган фуқаро кийимидагилардан бири:

-Тез қўлларини очларинг, сув берларинг, ана у аблаҳни милитсия бўлимига олиб борларинг,-деди.

Милитсионер қўлларини ечар экан, Нилуфар беихтиёр бошини унинг елкасига қўйиб, ҳичқириб йиғлай бошлади.

-Йиғлама қизим, биз сени қутқаздик. Яхшиям вақтида хабар топдик. Бўлмаса у аблаҳ бола, билмадик, нима қилган бўларди. У илгари ҳам бир қизни ўғирлаб, зўрлаб, кейин ўлдирган экан. Тавба, тағин юридическини битираётган экан-а,-деди.

-Қарасангчи, бу камеранинг калитини қаердан олди? Ким билан тил бириктирди? Уни яқинда бу соҳага ишга ўтказишган экан. Тошкентда машина ўғрилари мафиясига ҳам раҳбарлик қилар экан… иплос, бировнинг кўз қораси бўлган қизини ўғирлаб қаёқларга олиб келганини қаранг-а?! Давлатимизнинг, мустақиллигимизнинг обрўйига мана шунақалар соя туширмоқда,-деди эшик ёнида турган киши.

Нилуфар Алишернинг кун ора янги машина минишини эслади. Демак, ҳаммаси ўғирланган машиналар экан-да. Отаси шундай катта ишда ишласаю боласи шунақа жиноятчи бўлса?

Худди Нилуфарнинг хаёлидагини ўқиётандек, фуқаро кийимидаги киши милитсионерга:

-Отаси яқинда юртбошимизга маслаҳатчи этиб тайинланибди, бу ишимизни жуда оғирлаштиради, аллақачон бошлиқларга телефон келаётган бўлса керак!-деди.

-Падарига лаънат, бу катталарнинг ҳаммаси боласини эплолмайди. Битта боласини тарбиялай олмаганлар миллатга қандай қилиб бошчилик қилар эканлар?-деди фуқаро кийимида киши баланд овозда.

-Секинроқ гапиринг, деворнинг ҳам қулоғи бор!- дея уни огоҳлантирди милитсионер.

Шундан кейин сукунат чўмди.

-Ойим ва адамларга хабар берилдими?-деб сўради Нилуфар ташқарига чиқиб, машинага минишаётганда.

-Энди-да, ҳали сени топганимизга беш минут бўлган эмаску, қизим,- деди милитсионер кийимидаги киши.-Қолаверса, бу жойдан телефон қиламиз десак, сотиб юборадиганлар чиқиши ҳеч гап эмас. Бунинг устига бу жой уйларингдан анча узоқда. Биз Наманган деган жойдамиз. Эшитганмисан?

-Бўлмасачи?-дедию Нилуфар хаёлга толди.

У Наманганни яхши билади. Рустам наманганлик. Бирдан юраги орқага тортди. Энди Рустам нима деб ўйлайди? Ундан юз ўгириши аниқ. Қолаверса унинг ўзи Рустамга бу воқеани қандай қилиб изоҳлайди? Йўқ, у тушунадиган йигит. Балки ҳамма нарсани англаб олар ва ҳатто бу борада гап ҳам очмас. Шуниси ёмонда. Индамай юриб, дилингни хуноб қилади. Ундан кўра бир марта гапириб қўя қолса, ҳаммаси ортда қолади…

Улар минган машина ғиштлик бир бинонинг темир дарвозасидан ичкарига кирди.

-Қаерга келдик?-деб сўради Нилуфар.

-Бу ер ҳукуматнинг биноси, кўнглингиз тўқ бўлсин, ҳозир ота-онангизга телефон қиламиз, улар келиб, сизни Тошкентга олиб кетишади,-деди фуқаро киймидаги киши.

Нилуфарга ичкарида сув ва овқат беришди. Аммо томоғидан овқат ўтармиди?!

Кўп ўтмай ҳалиги фуқаро кийимидаги йигит келиб ўзини таништирди:

-Менинг исмим Олимжон, боя айтишга ҳам улгурмабман,-деди.- Сизнинг ишингиз билан бундан буёғига шуғуланиш менга топшрилди..

-Ота-онамга телефон қилишдими?-сўради Нилуфар.

-Қилдик, аммо яхши хабар йўқ. Улар жуда ҳам ғаззабда. Бунақасини кўп кўрганмиз. Бошида шундай бўлади. Улар сизни атайлабдан Алишер билан қочиб кетган деб ўйлашмоқда…

-Алишернинг жиноятчи эканлигини айтмадингизми, ахир?

-Афсус, айтолмадик. Унинг отаси жуда катта ишда ва орага катта одамлар аралашиб, ишнинг унга оид қисмини дарҳол ёпиб ташлашди. Бу гапни сизга айтишим мумкин эмас, эди. Аммо билишингиз ва тушунишингизни истаганим учун айтдим. Буларнинг ҳаммаси яшин тезлигида бўлди. Биз сизни топган жойдан бу ерга келгунимизча осмон узилиб, ерга тушибди. Менга ҳатто Алишернинг номини тилга олишимни ҳам таъқиқлашди. Ўзинг пиширган ошни ўзинг совут дейишди…

Нилуфарнинг бошига харсанг тошлар ёғилгандек бўлди. Улардан бирининг учи худди бошига санчилиб қолгану оғриқ ўрнига олов пайдо бўлганди. Иссиқлик тепадан пастга худди вулқон лавасидек оқа бошлади. Кўзлари тиниб, боши елкасидан узилиб тушгандек бўлди.

Давомини эслай олмайди. Ўзига келганда оқ чойшабли тўшакда ётганди. Ёнида эса яна Олимжон.

-Бизни қўрқитиб қўйдингиз,-деди у.- Инсоннинг бошига жуда кўп ишлар келади. Аммо бардошли бўлиш керак. Мен ўзим бориб ота-онангиз билан гаплашаман ва уларга секингина тушунтириб қўяман. Зотан делони бутунлай ёпиш учун уларнинг ҳам, сизнинг ҳам имзоларингиз керак бўлади.

Нилуфар ҳиққилаб йиғлай бошлади.

-Йиғламанг, Махфират холага ҳам, Рустамга ҳам ўзим тушунтираман…,-деди Олимжон майин овозда.

-Уларни қаердан биласиз?-Нилуфар ажабланган оҳангда савол берди.

-Улар ҳам ота-онангиз каби сизни қочиб кетган деб аза очиб ўтиришган экан. Рустам ҳатто Махфират холанинг уйидан кўчиб ҳам кетибди. Унга ялиниб-ёлворишса ҳам у қизингиз енгилтак эди. Ўзим унинг ўша бола билан кўз уриштирганини кўргандим. Шундай гапи бор экан, нега мени ўйнатди, деб чиқиб кетгани Махфират холани йиқитибди. У киши касалхонага тушибдилар. У дунё, бу дунё Нилуфарни кўришга кўзим йўқ, деб ўтирган эканлар.

Нилуфар яна бошини ёстиққа ташлади. Кейин сочларини юла бошлади:

-Энди нима қиламан! Энди нима қиламан!,-дерди, холос.

-Сиз ёш бола эмассиз. Сизнинг ёшингизда бўлганлар аллақачон мустақил одам ҳисобланади. Қолаверса, катта олийгоҳни қариб битириш арафасида турибсиз. Ўзингизни ушланг, бизни ҳам тушунишга ҳаракат қилинг, қўлимиздан ҳеч нарса келмайди, ҳаётимиз, карерамизни таҳликага қўйиб сизга ёрдам қилаяпмиз. Совет даври бўлганда Москвага шикоят қилардик. энди дардимизни кимга айтамиз. Юртбошимизнинг гапларини эшитган бўлсангиз керак, шикоят ёзган одамнинг ўзини жазолаш керак, дедилар..

Олимжон шундай деб атрофга олазарак боқди-да овозини пасайтириб:

-Ким шикоят ёзса мана менга келади, деб турибди. Алишернинг отаси эса унга маслаҳатчи. Тоғ уларнинг қўлида, ташлаб юборишса ҳаммамиз эзилиб кетамиз. Бизга телефон қилиб, кўчага қўйиб юборинглар ёки ади-бади айтадиган бўлса психболнитсага тиқиб қўйларинг деб буюришди. Ана у Алишер бўлса, менга берларинг деб пўписа қилмоқда.

-Ўзимни ўлдираман, ҳаммасидан қутуламан,-деди Нилуфар,-ҳа, ўзимни олдираман…

У шундай деб ён-веридан нимадир қидира бошлади.

-Қулоқ солинг, ахмоқлик қилманг, бизни ҳам ўйласангиз-чи, сизни кўчага қўйиб юбордик, деб мана шу ерда яшириб турибмиз. Сизга яхшилик қиламан деб ҳаётимиз ёниб кетсинми. Мен ҳам янгиман бу ерда. Хўп, мен ҳали уйланганим йўқ. Аммо менга ёрдам берганларнинг тўрт-бештадан боласи бор. Гапнинг очиғи мен бундай ғавғога кирмас эдим. Аммо сиздай ақлли, эсли-ҳушли бир қизни шундай аҳволга туширишгани мени қаттиқ ташвишга солди. Қани адолат! Қани умидларимиз… Мустақилликдан шуни кутганмидик? Мустақил бўлдик деб ёш-ёш ҳаётларни жувонмарг қилиб юборамизми? Нима, отаси президентга маслаҳатчи бўлса, истаган ишини қилаверадими? Икки кундирки, шаҳарда тинчлик йўқ. Ўзи шу ерга келиб ҳамма бошлиқларни олдига солиб, сизни қидириб юрибди. Агар билиб қолишса биз ёниб кетамиз…

Олимжоннинг чин юракдан, куюниб айтган бу гапларидан кейин Нилуфар жим болиб қолди.

-Биласизми ота-оналар ҳам ахмоқ, шунинг учун ҳам қизини оқ қилиш мумкинми?

Худди Нилуфарнинг юзига кимдир тарсаки тортиб юборгандек бўлди, энди илгари бошидан қуйилган олов бу сафар кўкрагига ўрмалади.

Олимжон:

-Мана буни ичиб олинг,-дея Нилуфарнинг бошидан кўтариб, унга волидол ичирди.-Кечирасиз, айтмоқчи эмас эдим, аммо оғзимдан чиқиб кетди. Биласизми, мен сурхондарёликман, асли. Деновданман. Тошкентга ўқишга кетаман десам, уйдагилар қўйишмади. Уйлантириб қўямиз дейишди. Нима, уларнинг гапига кириб, уйланиб олиб, кейин поданинг орқасидан югуриб юришим керак эдими? Ади-бади гаплар бўлди. Айтишиб қолдик. Отам “Оқ қилдим” деб юборди. Чиқиб кетдим. Ўқишга кирдим, ўз кучим билан кирдим. Мардикорлик қилиб бўлса ҳам ўқиб, битирдим, мана энди мени кечиришган, ҳозир яна болам истаганинг бўлса, олиб кел, тўй қилиб берамиз, кейин яна қайтиб кетавер, деб ўтиришибди. Аммо юрадиган қизим йўқ, иш билан бўлиб бу масала ҳақида ўйлаб ҳам кўрмабман.

Шу пайтга қадар юрадиган қизим йўқ, дейиши Нилуфарни бироз ўйлатиб қўйди. Аммо дарҳол хаёллари яна ота-онасига, Рустамга ва бувисига қадалди. Ҳамма ундан юз ўгирган экан, бувиси-чи? У  Рустамни ўз ўғидек яхши кўриб қолганди. Нилуфар менинг бетимга оёқ қўйиб кетди, деб ўйлаган бўлишлари керак. Лекин ота-онаси-чи? У ота-онаси ҳақида ҳам ўйлар экан, гоҳо уларни тушунгандек бўлса-да аммо кўпроқ улардан ранжий бошлади. Рустамни эса ўйлашни ҳам истамасди.

Агар яхши кўрса, наҳотки шунчалик тез юз ўгириб кетади? Наҳотки севги деганлари шундай, “лип” этиб келиб, “лип” этиб кетадиган бўлса? Бир воқеани сўраб-суриштирмасдан, ўрганмасдан дарҳол хулоса чиқараверадиган одам билан ҳаётингни боғласанг, бошингга иш тушиши билан ташлаб кетар экан-да?

Шу пайт бир киши эшикни тақиллатиб Олимжонни ташқарига чақирди. Зум ўтмай Олимжон ҳовлиқиб ичкарига кирди.

-Алишер шу орада экан, ғаззаб билан ҳаммани сўроқ қилаётганмиш. “Менга у ўғил туғиб бериши керак” деб юрганмиш. Аблаҳ! Нима қиламиз, энди?

-Нима қилсангиз ҳам мени унинг қўлига топширманг, бир умр қулингиз бўлишим мумкин, аммо унинг бир кунлик хотини бўлмайман,-деди Нилуфар зорланиб.

-Боя сизга айтишга юрагим бетламаганди. У аблаҳ Тошкентда ҳам Нули меники, у менга ўғил туғиб бергандан кейин, никоҳ қилиб, иккинчи хотин қилиб оламан,-деб иплос гапларни тарқатган экан.

Аблаҳ, деб ўйлади Нилуфар! Алиш-калиш… У мактабда ҳам шунақа иплос гап қилиб юрар эди. Шунинг учун ҳам унга “алиш-калиш” деб лақаб қўйганди…

Аммо Олимжон Нилуфарга ўйлаб кўриш учун ҳам вақт қолдирмаётган эди.

-Тез ҳаракат қилмасак, бирорта одам сотиши мумкин. Биласиз бизда мансаб учун онасини ҳам сотадиганлар кўп. Алишер билан ошна бўлишни истаганлар тиқилиб ётибди. Бу ўзи қанақа дунё экан? Мен милитсия, хавфсизлик хизмати халқни ҳимоя қилади деб ўйлаб бу соҳага ўқишга киргандим. Акси экан, булар кечаю кундуз халққа қарши ишлар эканлар.

Мен сизни вақтинча ота-онамникига олиб бориб қўйишим мумкин. Аммо улар “бўлажак келиним” деган гап қилишларига шубҳам йўқ. Бунинг устига мендан ҳам шубҳа қилиб ота-онамнинг уйини текшириб кўришлари мумкин…Шунча дардингиз устига яна юк бўлади…

Аммо Нилуфарнинг қоп қора зулмат қоплаган кўнглида “лип” этган учқун учиб ўтгандек бўлди. Истараси иссиқ… ақилли.. ўзини эмас, бошқаларни ўйлайдиган… қаҳрамон…

Бу узуқ-юлуқ учқунлар зумда тарқалиб кетди. Олимжон эса ҳамон гапираётган эди.

-Бойсунда бир холам яшайдилар, ҳозирча сизни уларникига олиб бориб қўйсам бўлади. Сиз тайёрланинг, мен ишхонамга телефон қилиб, касал эканлигимни айтаман ва ҳозирнинг ўзи йўлга тушамиз, бўлмаса кеч бўлади.

Кўнгил қўйган йигитинг мана шундай, сен учун ўзини ҳам, ҳамма нарсасини ҳам фидо қиладиган, тезда муаммодан чиқиш йўлини топадиган, ақли чархланган бўлиши керак. Бир зумда ҳамма нарсани ўйлаб, чорасини топмоқда. Латтачайнар эмас. Ҳатто ота-онасининг кейинги гаплари ва ҳаракатларини ҳам тахмин қилиб, менинг кўнглим оғринмаслиги учун чиқиш йўлини топди. Унга ким ҳам тегса бахтини топади. Ҳар ҳолда кўз остига олгани бордур? Ёки… Ёки менга кўз тикдими? Бўлмаса нега бу қадар фидойилик қилмоқда? Агар кўз тиккан бўлса, тўппа тўғри ота-онасининг уйига олиб бормасмиди?…

Улар Намангандан Жиззах орқали Самарқандга етиб келганларида кеч кириб қолганди.

-Шу ерда бир танишим бор,-деди бу ерга қадар индамай келган Олимжон.-Бозорнинг ёнида яшайди. Нўхат, ҳасиб пишириб сотади. Уйини ресторандан ҳам яхши қилган. Жуда тозакор одамлар. Уларникига кириб овқатланиб, кейин йўлда давом этамиз.

Нилуфар индамади. Нима ҳам дерди?

Уй эгаси уларни яхши кутиб олди:

-Акамилло яхшимисиз, янгамлар, болалар яхшимилар…

Бу гап Нилуфарнинг хаёлига чақмоқдек урилди. Аммо Олимжон:

-Бу янгам шунақа, доим мени изза қиладилар. Бу деганлари янга топдингизми, болалар билан қачон келасиз, деганлари,-деди Олимжон.

Ҳалиги Тожик аёл:

-Бизни тўйга айтмасдан уйланиб олдингизми деб жаҳл қилдим, шунинг учун келинпошшани бир қиздирайин, дедим-да,-деди.

Нилуфарнинг кўнгли ёришиб, Олимжонга қараса, у ҳам тикилиб турган экан. Уялиб кетди ва кўзларини олиб қочди.

Овқатланиб бўлишгач:

-Чарчабман, шу ерда тунаб қоламиз, йўлга эрталаб чиқамиз,-деди Олимжон.

Бу жуда ҳам қарорли йигит экан. Агар шундай одаминг бўлса асло кўчада қолмайсан. Ўқишингга ҳам, ишлашингга ҳам ўрин қолмайди.

-Дарвоқе ўқишим нима бўлади?-деди Нилуфар Олимжонга.

-Аввал жонингизни қутқарайлик, кейин ўқишни ҳам ўйлаб кўрамиз,-деди Олимжон бепарволик билан.

У шундай деб уй эгасига:

-Ётадиган хона борми?- деганди:

-Ана ўша ўзингиз ётадган хонанани яна тайёрлаб қўйдим,-деди у.

-Ҳар сафар Сурхондарёга кетишда шу ерда тунаб қоламан,-дея изоҳ берди Олимжон ва ичкарига кириб кетди.

-Ҳов, келинпошшани чақирмайсизми,-деди уй бекаси бироздан сўнг.

-Йўқ, у кишига бошқа хонадан жой қилиб беринг,-деди Олимжон ва қайтиб чиқиб:

-Нилуфархон, узр, жуда чарчаганман, сиз ҳам ухланг, ҳалиги гаплар орамизда қолсин,-деди.

-Ҳм, ораларингдан гап ўтибди-да, ёшликда кўп гап-сўз бўлади. Аммо бир томон оғир бўлиши керак. Ҳозир кириб, оёқлари ва елкаларини бир уқалаб қўйсангиз, олам гулистон!

Нилуфар қизариб-бўзариб кетди. Ичкаридан ярим яланғоч чиққан Олимжон:

-Янга илтимос у кишига жой қилиб беринг, бошлиғимнинг қизи бўладилр, ҳали розиликларини олганим йўқ. Ҳар хил гаплардан хафа бўлиб қолишлари мумкин,- деди.

Нилуфар ухламасдан тонгга қадар ўйлаб чиқди. Гоҳ йиғлади, гоҳо хафа бўлди. Аммо шундай довюрак ва ақлли йигит билан ёнма-ён тушиб қолгани эса унга таскин берди. Шу пайтга қадар у ҳатто қўлини ушламади. Аммо дастлаб йиғлаганда бағрига босганди, ўшанда Нилуфар аллақандай бир ҳис туйган аммо дардлари устун келганди.

Олимжон бўйдоқ бўла туриб, унга нисбатан бефарқлиги Нилуфарда шубҳа ҳам уйғотди. Яна буларнинг ҳаммаси Алишернинг режаси бўлиб чиқмасин? У Олимжонни қўлга тушириб, мени бир четга олиб кетаётган бўлмасин? Негадир баъзи гаплари сунъий чиқиб қолаётганга, юрагидан чиқмаётганга ўхшамоқда. Ёнида шундай чиройли қиз бўлсаю у парво қилмаса? Э, чиройинг қолдими.? Кўзларинг киртайиб, аҳволинг бир ҳол бўлиб турибдию хаёлингга келган нарсага қара!

Бу фикрлар хаёлига келгани учун Нилуфар ўзини айблади.

Ахир Олимжон мен учун ҳаётини тикмоқда-ку? Дунёда шундай фидойи, адолатли инсонлар ҳам кўп. У ўзига хос характерга эга. Балки эзилиб-сузилиб гапиришни ёмон кўрар? Балки кўнглига келганини шартта айтиб қўядиган одамдир? Ундай бўлса, ҳали бирдан “Сизга уйланмоқчиман” деб қолса, нима қиламан? Уф, яна хаёлинг қаёқларгадир кетмоқда. Сенга нима бўлган ўзи?

Нилуфар Сурхондарёга боргунча ҳам ана шундай хаёллардан қутула олмади. Гап орасида Олимжон:

-Борадиган жойимиз, асл холамники бўлмаса ҳам Хатича хола чин холамдан ҳам зиёд. Илгари мен Афғонистон бўйича ишлаганимда, шу ердан ўтиб, шу ердан қайтар эдим. Ҳа, ҳали ёшку, илгари ҳам ишлаган эканми, деб ажабланманг. Бу ишга жуда ёш кирганман. Ҳали олийгоҳда эканлигимда таклиф қилишган. Киноларда кўрган бўлсангиз керак, гиёҳвандларни ушлаш учун уларнинг орасига айғоқчи юборишаиди. Мени ҳам шу ишга жалб қилишган. Аммо тезда воз кечдим. Қарасам, ҳамма катталар аралашган. Виждонимга тўғри келмади. Ташлаб кетай десам, қўрқоқлик бўлади дедимда бу тизимнинг ичида қолиб, адолат учун курашаман, деб ўзимга қарор бердим. Мана сизни қутқазишим ҳам шу йўлдаги бир уринишим. Агар сизни қутқаза олсам, ўзимни бахтли ҳис қилар эдим.

Олимжон шундай деб Нилуфарга қаради ва ҳар иккаласининг кўзларида ним табассум айланагандек бўлди. Нилуфар титроқ овозда:

-Раҳмат…- деди.

Хатича холанинг уйи Бойсуннинг марказига яқин жойда экан. Худди шаҳарлардагидек қилиб қурилган. Ҳатто ҳовлига кирадиган темир дарвозаси Тошкентни эслатди.

Уларнинг келишларидан холанинг хабари бор экан.

-Мен телефон қилиб қўйгандим. Ҳа, дарвоқе, мен кетгандан кейин адашиб бировга телефон қилманг. Алишер ҳамма телефонларни эшитишга буйруқ берибди. Мен махсус асбобни қўллаб телефон қилдим,-деди Олимжон Нилуфарни холага таништириб бўлгач.

Хола, Нилуфарни қучоқлаган бўлдида чой олиб келай деб ичкарига кириб кетди. Улар ташқаридаги сўрида ўтиришди.

-Мени бу ерларга ташлаб кетасизми? Мен бу ерда нима қиламан? Қачон келасиз?-деди Нилуфар.

-Мен бориб вазиятни ўрганиб, тезда қайтаман. Бир йўлини қиламиз. Балки… балки сизни ота-онамникига олиб борарман… Улар сиздай соҳибжамолни кўриб қувониб кетадилар…

Нилуфарннг вужуди титраб, баданида нимадир ўрмалаётгандек бўлди ва ўзини ноқулай сезди. Аммо шу бир гап унинг елкасидаги тоғни йиқитиб, шодликлар боғининг эшигини очиб юборгандек ўзини енгил сезди.

Олимжон чой ичиб, хола дамлаб қўйган ошдан еди-да ичкарига кириб холага нималарнидир тушунтириб, ташқарига чиқар экан:

-Мен энди йўлга отланай, етиб бормасам, қидириб қолишади, менинг бу гўзалимни ёмон кўзлардан асранг, саунани ишга солинг, олдин бир ҳузур қилиб ташвишларини унутсинлар, кейин ҳордиқ оладилар…,-деди.

У шундай деб машинага ўтирдида:

-Тезда қайтаман,-деб кетиб қолди.

Нилуфар гўё қушга айланган ва атрофдаги тоғлар томон учгиси, кейин йўлга тушиб Олимжонни тўхтатгиси келарди. Хола уни саунага бошлаганда дунёда шундай жойлар борлигидан ҳайратга тушди. Саунанинг ичидаги тахталар худди олтиндек товланиб турибди. Кираверишда яп янги оёқ кийимлари, янги сочиқлар… Беш олти киши чўмилиши мумкин бўлган ҳовуз тиниқ сувга тўлдирилган…

-Олимжон олтин йигит, худди ўз ўғлимдай кўраман уни, бутун топганини шу ерга ташийди. Бу уйда Тошканда бўлган ҳамма нарсани муҳайё қиламан, дерди фақат. Ундан ўтказиб ҳам юборди. Бир куни унга бу уйда фақат бир ҳурлиқо йўқ десам, “Кўрасиз, ҳали бир кун ҳурлиқо ҳам кириб келади” деганди. Мана ўша кун ҳам келди…-холанинг бу гаплари Нилуфарнинг қулоқларига маҳкам ўрнашиб қолди.

У иссиқ саунадан чиқиши билан хола уни ичгаридаги хонага бошлаб қўл оёқларини уқалаб қўйди:

-Айланайин, бу қадар гўзал қизим,-дея турли атир упаларни олиб келиб уни эркалата бошлади. Нилуфар чет элларда чиқадиган бу атр упаларни кўриб ҳайрон қолди.

-Буларни Афгонистондан олиб келган ва “Бир кун мен олиб келадиган ҳурлиқога ишлатасиз” деганди…

Холанинг эркалашлари билан Нилуфарнинг кўзи юмилди. Бир пайт сочларини силаётган қўлнинг тафтидан уйғониб кетди. Қараса, Олимжон…

-Сизни ташлаб кета олмадим, йўлдан қайтдим,-деди у Нилуфарнинг қулоқларига пичирлаб.

-Мени ҳеч қачон ташлаб кетманг, сиз бўлмасангиз нима қиламан бу дунёда?,-дея Нилуфар йиғлай бошлади.

-Йиғлманг, доим ёнингиздаман, энди мен сизники, сиз эса меники, ҳурлиқомни топдим, ниҳоят!

Олимжон ҳарир халатга ўраниб ётган Нилуфарни бир зумда қип яланғоч қилиб, бағрига олди. Зум ўтмай Нилуфарнинг қичқириғидан хонанинг деразаси зириллагандек бўлди. Аммо бу қичқириқ нолали эмас, балки ҳузурбахш қичқириқ эди.

-Мен шундай бўлади, деб ҳеч ўйламагандим. Мен тўй бўламан деб ўйлагандим,-деди у чарчаб қолган Олимжоннинг кўкрагидаги тукларини силар экан.

-Тўй ҳам қиламиз. Агар жуда истасангиз тўйдан кейин қиз бўлиб чиқасиз…

-Уятсиз..- дея Нулуфар қўллари билан Олимжоннинг оғзини бекитди.

-Нима, тиббиёт олийгоҳида бу ҳақда гап бўлмаганми?

-Бас қиласизми, йўқми…

Шу пайт телефон жиринглади. Хола Олимжонни чақирди. Олимжон эшикни ёпиб, нариги хонага ўтди-да Нилуфар эшитмасин дея овозини пастлатиб:

-Ҳаммаси зўр,- деди кимгадир.- Аммо ҳали видеога олишнинг имкони бўлмаяпти. Бироз ўжар. Уч-тўрт кунда пишираман! Паспортини эса тайёрласа бўлаверади!…

ОЛТИНЧИ БОБ

…1990 йил.  Каримов қози ва муфти билан суҳбатлашмоқда. У қозининг гапини бўлди:

-Бугунгиларни фақат наша билан алдаб бўлмайди. Худони ўртага қўйсангиз ҳам тониб кетишади. Бугунгиларга ишониб бўлмайди, кичкина мансаб учун ҳамма нарсани сотиб юборишади.

-Гап тарбияда,-дея жавоб қилди қози.- Шўролар даврида буларнинг иймони ҳам, ишончи ҳам йўқолди. Бу бир томондан ёмон. Улар Худога ишонмайдиган бўлдилар. Аммо иккинчи томондан яхши. Уларни ҳар нарсага ишонтириш мумкин.

-Менинг шайхлик қилишга на вақтим, на тоқатим бор,-деди Каримов.

-Жунбушга  келган ёшларнинг ёнига бориб, “Ислом давлати қуриб бераман” десангиз, бас,  кейин… кейин… улар қочиб чиқиб кетадиган йўлларини биз томонга буриб қўясиз, ораларидан фидойиларни мана мен ўзим танлайман,-деди қози.

Улар яна анча гаплашиб, чиқиб кетганларидан кейин Каримов маслаҳатчиси Алимовга:

-Мен бу икки муллага ҳам ишонмайман,-деди.- Бунисига муфтилик керак. Ҳозир унга қарши кайфият кучайган. Менинг мададим бўлмаса онасини учқўрғондан кўрсатишади. Шунинг учун ошнаси қозини бошлаб келган. Аммо уларни ўз оғзидан илинтириш керак. Улар бизни эмас, биз уларни қўлланайлик. Айтганларини қилайлик. Шу баҳонада ҳамма диний гуруҳлардан қутуламиз. Фаолларинии қозининг ҳузурига жўнатасан. Мен яқинда Ҳолландияга бораман ва ўша ерда баёнот бериб, бизда диний экстремизм таҳликаси кучли деган гапни айтаман. Шундан кейин бутун Ғарб ҳам бизнинг ҳамкоримизга айланади. Қозининг йўлига ўтганларни эса ғарбга қарши қўямиз. Болаларингни тўплаб, бунинг планини қилинглар. Бир жойган бир оғиз гап чиқса оғзингни бутунлай тикиб қўяман..

Алимов одати бўйича индамай турди. Каримов эса одати бойича давом этди:

-Самарқанд райони билан Пастдарғом райони орасида Хишрав деган жой бор. Ўша ерда аскарларнинг махсус полигони бор. Ҳозир ИИВнинг 7-бўлими фойдаланмоқда. Уларни бирорта қурилиш идорасига кўчир. Хишравда фидойиларни тайёрлайсан. Дарвоқе, муфтининг уйига томдан битта гранат улоқтириб, уни душманларинг қилди деб қўрқитиб қўйларинг. Қанча қўрқса, шунча бизга яқин бўлади. Агар ўйинда фаол қатнашмаса битта комиссия юбориб, дело қилиб қўй. Буларни яхшилаб жиловламасанг, пайтини пойлаб қорнингни ёришади.

-Ҳалиги гуруҳга оладиганларимиз, ўзимизникилардан бўлсинм-ми?-деди Алимов. У ҳеч қачон мана бу ишни мана бундай қилайлик демас эди. Таклифини саволга ўраб айтар ва Каримов дарҳол уни тушунар эди. Энди ҳам у ўзимизникиларни аралаштирмасак яхши бўларди деган гапни саволга ўраб Каримовнинг олдига ташлади.

-Йўқ,-деди Каримов,-ўзингники гўрга ҳам ярамайди. Бошқа миллатлардан бўлсин. Масалан МХХнинг илгариги Дзержинский мактабларидан рус тилли йигитчаларни териб оласан. Шунингдек, қамоқларни кўриб чиқ ва миллий низолар туфайли қамалганлар орасидан ҳам танла!

-Бир иккита ўзимиздан ҳам қўшмасак, кейин муммолар чиқиб кетмасмикан?,-деди Алимов қўлидаги папкасини кўкрагига босиб.

-Ундан бўлса, спорт тўгаракларида чиниққан болалардан ҳам танла. Аввал бир нарса билан айблаб қамайсан, урасан, момоталоқ қиласан, ўлимига рози бўлсин, кейин мен уни авф этиб, катта маош белгилаб қўаман. Шунда ҳам ота-онаси, яқинларини гаровда сақлайсан.

-Ҳар эҳтимолга қарши, бир нарсани сўрақмочи эдим,- деди Алимов.- Мабодо четга бир гап чиқиб қолса, нима қиламиз?

-Гап чиқмаслиги керак, тамом!

Каримов бироз ўйлаб турди-да,

-Бўпти кейинчалик уларни Президент гаврдияси деб расмийлаштирамиз. Аммо расмийлар ёнида норасмийлари ҳам бўлсин. Истаган пайтда истаган одамни йўқотадиган, уйига ўт қўядиган, қочиб кетса ушлаб келадиган, митингларни тарқатадиган, ҳукуматдагиларни, вилоятдагиларни кузатадиган махсус бўлимлар тузасан. Ер остида илон юрса билишимиз керак.

-Бу МХХни ишига ўхшаб қолмайдими?-сўради Алимов.

-Айни пайтда ИИВ ни ҳам, МХХни ҳам назорат қиламиз. Лекин ҳозирча бу идораларнинг раҳбарларини қўллан, кейин уларни йўқотамиз. Сенинг болаларингдан келадиган маълумот асосида уларнинг маълумотларини бир икки пучга чиқарсак, оёғлари куйган товуқдек питирлашиб қолишади. Ҳа, айтиш эсимдан чиқибди, Жўрабеков билан Умрзоқов битта ҳожатхонага борадиган бўлиб қолишган. Иккаласи ҳам сени ёмонлаб юрибди. Мана бу делони тайёрлаб келишибди. Раҳим Ражабов ҳам уларга қўшилган. Ҳаммасини кузатувга ол! Ўзингга яқин болалардан бирортаси бўлса, олиб, кел, иш бераман, бу ҳам уларга таёқ бўлади…

Алимов шу куниёқ Самарқанга борди ва вилоят ҳокими Абдураҳмонов билан Хишрав посёлкасига йўл олди. Аввалига Абдураҳмонов ҳеч нарсадан бехабар эди. Кейинчалик билса ҳам билмасликка олди. Тез орада Хишравда махсус баталон тузилди. Алимов вилоят ҳокимига, ИИВ вазири ва ММХ раисига президент гвардиясини тузмоқдамиз, деса-да, аслида дор остидан қочганлар бир жойга тўпланаётганидан улар ваҳимага тушаётгандилар…

ЕТТИНЧИ БОБ

Дурдона рус Жосуслик Хизмати бошлиғи билан учрашувга тайёрланар экан, қандай қилиб соқчиларини ташлаб кетиш ҳақида ўйлаётган эди. Уларга ҳар қанча ишонса ҳам, Жосуслик хизмати бошлиғи билан учрашгани дадасининг қулоғига бориб етишини истамасди. У ташқи кийимларини ичкисига алмаштириб, хонадан чиқди ва:

-Санлар бориб дам олаверинглар, бошим оғриб турибди, эртароқ ётаман, балки саҳарлаб бир жойга борамиз, йўлимиз узоқ бўлиши мумкин, яхшилаб дам олинглар,-деди  соқчиларига ва:

-Ҳа, дарвоза очиқ турсин! Соня келмоқчи эди. Келса меҳмонхонадан жой қилиб беринг,-дея хизматчи аёлга юзланди. Кейин унга болалар ҳам дарсларини қилиб бўлишлари билан  ётқизишни буюрди.

-Аммо дарвозани очиқ қолдира олмаймиз,-деди соқчилардан бири.

-Сен яна маҳмаданалик қилаяпсан, айтганни қил, бўлмаса эртага Тошкентга жўнатман! Санга бориб дам олгин, эртага узоқ йўлга чиқамиз дедим. Нима қилишни манга ўргатмаларинг!-дея бақирди.

Сўнг хонасига кириб қайтадан кийинди-да, секин яна ташқарига чиқди. Ҳаммаёқ жим-жит эди. Соқчиларнинг хонасида ҳам сокинлик. У хизматчи аёлни имлади ва унга:

-Мен бир танишим билан учрашувга кетаяпман. Қачонгача бева бўламан, балки буниси ёқиб қолар, узоқдагилар билишмасин,-деди.

-Ўлибманми, опажон. Тилим кесилган мени…,-деди хизматкор ўзига билдирилган ишончдан ғурурланиб.

-Мен кетгандан кейин ана улар чиқиб қолишса: Бўлажак поччам билан учрашувлари бор экан, ҳеч кимга айтмаларинг, деб тинчитиб қўй, -дея  уқтирди.

У ҳовлига чиқиб “Мерседес”ни ўт олдириши билан соқчилар югуриб чиқишди.

-Ҳой-ҳой тўхталаринг,-деди хизматчи аёл.-Сизларга айтишга тортиндилар, манга айтдилар, бўлажак поччам билан учрашувлари бор экан!

-Уфф!,-деди соқчилардан бири,-охири бошимиздан айрилмасак бўлди. Бўлажаги эмас, собиғи билан учрашса ҳам биз ёнида бўлишимиз керак!

Хизматчи яна гапга аралашди:

-Тўғри, собиғи билан учрашсалар, албатта ёнларида туришларинг керак, лекин буниси…

Хизматчининг гапини соқчилардан бири кесиб ташлади-да:

-Нима қиламиз, орқадан кузатиб борамизми?-деди шеригига.

-Жиннимисан, бу ер ўрмоннинг ичи бўлса, орқадан келаётган машина дарҳол билинади. Кейин ишдан қувилмайлик, тағин,-деди иккинчиси ҳушёрлик қилиб.

-Бирор кор-ҳол юз берса нима қиламиз?

-У ҳолда мана гувоҳимиз бор…

-Балки Тошкентга хабар берсак-ми, Рустам аканинг гаплари ёдингдами, “Ер остидан илон ўтса ҳам билишим керак” деган эдилар.

-Аввал аниқлаш керак, бу илонми, йўқми? “Агар кетган бўлса, санлар нима еб ўтирибсан” демайдиларми?..

Илгари Дурдона соқчиларини ўзиники қилиб олган эди. Истаган пайтда олиб кетарди, истаган пайтда ташлаб кетарди. Аммо Москвага келгандан бери бу ернинг вазиятини биладиган одамлар кераклигини баҳона қилиб, унинг соқчиларини алмаштиришди. У шундан бери уларга ишонмайди. Бир икки синаб кўрди. Синовдан яхши ўтишди. Аммо шунда ҳам улар олдингиларининг ўрнига келишгани унга тинчлик бермасди.

Айтилган манзилга яқин қолганда машинани бир четга тўхтатиб, орқага қараб турди ва орқадан келаёган машиналарни ўтказиб юборди. Кейин чўнтагидаги қоғозни олиб, адресни яна бир бор қараб кўрди.

Икки кун олдин аэропортда унга оид олтинларни олиб қўйишди. Аслида у ҳамма нарсани расмийлаштирган ва Москвадаги казо-казолар билан ҳам гаплашган эди. Шунга қарамай юкларини аэропотда тортиб олишибди. Шундан кейин танишларига қўнғироқ қилса, бу масалани фақат Жосуслик хизмати раҳбари ҳал қилиши мумкинлигини айтишди.

Унга телефон қилиш ёки ҳузурига бориш учун эса отасини хабардор қилиши керак. Отаси шундай шарт қўйган. Шу боис газетада ишлайдиган дугонаси Соня орқали Жосуслик хизмати бошлиғига хат юборди ва олинган жавобда қаерга келиши ёзилганди. Манзилни топса, озиқ-овқат дўкони экан. Ҳайрон бўлиб турганди, бир аёл унга яқинлашиб:

-Мен сизни бошлиғимиз ҳузурига олиб бораман, машинангизни дўконнинг орқасига парк қилинг,-деди.

Дурдона иккиланиб турганди, ҳалиги аёл чўнтагидан ҳужжатини олиб унга узатди.

Жосуслик хизмати бошлиғининг алоҳида топшириқлар бўйича ёрдамчиси экан. Шундан кейин машинасини парк қилиб, ҳалиги аёл ҳайдаган таксида йўлга чиқишди.

-Учрашувимиз жосуслик киноларидагидек бўлаяти-ку?-деди Дурдона унга.

-Пенсияга чиққандан кейин биз ҳам бирорта кинога сенарий ёзамиз-да,-деди ҳалиги аёл ярим расмий оҳангда.

Бу Дурдонанинг юрагини ғаш қилди. У аёл ҳам хато қилганини тушунди шекилли:

-Аммо бизда пенсияга чиқиш йўқ-да. Охиригача ишлаймиз,-деди.

Лекин шундан кейин ҳам суҳбат қовушмади. Такси бир қанча кўчаларни айланиб бир боғ ичидаги ҳовлига кириб борди. Дурдонани Жосуслик хизматининг бошлиғи ўзи кутиб олди.

-Бу ерда илгари фақат отангиз бўлганлар, сизнинг мамлакатингиздан бошқа ҳеч ким бу ерни билмайди. Битта билгани бор эди. Илгари сизларда Ички Ишлар вазири бўлган. Аммо у ўлди. Отангизнинг бир оғиз илтимослари билан ундан воз кечдик. Орадан ўн йил ўтганига қарамай бу хабар ҳеч қаёққа сизмади. Бизнинг учрашувимиз ҳам табиийки, сир тутилади,-деди у салом аликдан кейин Дурдонанинг қўлини ўпиб уни ичкарига бошлар экан.

-Аммо мен бировни ўлдиришни илтимос қилиш учун келмадим. Агар шундай ишни қойил қиладиган бўлсаларинг, бу ҳақда ҳам гаплашаверамиз,-дея кулди Дурдона.

-Олдиндан айтиб қўя қолай, Америкадан бошқа жойда бўлса, қиламиз. Аммо…

-Шамол қаёққа эсишини билдингиз-а?-деди Дурдона.

-Албатта, аёлнинг қасоси биринчи галда собиқ эрига йўналган бўлади…

-Нима учун Америкада қила олмайсизлар?-қизиқди Дурнона.

-Иккаламизнинг орамизда қолсин, сиз илгари бу ишни истаганингизда, топшириқ олган йигитлар бориб отангиз билан гаплашишганини биласизми?

-Йўқ…

-Отангиз уларга изн бермаганлар. Чунки биз отангизга тушунтириб қўйган эдик.

-Ундай бўлса отам менга дашном берган бўларди? Дарвоқе, буни сиз қаёқдан биласиз? Нега сиз тушунтириб қўясиз?

-Ишимиз шу, ҳамма нарсани билиш. Нега отангиз изн бермадилар ва нега сизга айтмадилар. Отангиз ақлли одам. Нимадан кейин нима бўлишини биладилар. Отангиз раҳбарликка ўтганларида сиз ҳали туғилмаган эдингиз. Ўшанда раҳбарликка ўтадиган ҳар бир одам бизнинг тегирмонимиз орқали ўтарди. Отангиз бу тегирмондан тирик чиққан одам. Америкаликлар билан ҳар кимни ҳам ўйната олмаймиз.

Америкаликлар ҳамма нарсани кечиришади, аммо ҳудудига бориб зўравонлик қилсангиз ҳеч қачон кечиришмайди. Бу масалада нафсониятлари жуда баланд. Шунинг учун ҳам суҳбатнинг аввалидаёқ бундай ишга кира оламаслигимизни айтдим. Отангиз бу ҳақда сизга билдирсалар, кейин сизни назорат қила олмас эдилар. Гапнинг индаллоси биз изн бермаган эдик…

Кейинги пайтда отаси билан орасига совуқлик тушган Дурдона бу гапдан жаҳл қилди.

Илгари қўлида ишлаган бир йигит Америкага қочиб кетди ва сирларини оламга ёйди. Ўшанда хорижий радиоларда ҳар куни унинг молиявий ишлари ҳақида гап борарди. Бунинг устига АҚШ конгреси ҳам унинг масаласини кўра бошлади. Бошқа томонда эса собиқ турмуш ўртоғи уни судга берди. Кечалари билан ухламай чиқарди. Ҳирси лов-лов ёнарди. Собиқ эрига енгилгиси келмасди.

Бир кун қўриқчиларининг каттасига собиқ эрини йўқотишни буюрди. Аммо баҳона устига баҳона топишди. Шунда отаси чақириб қолди.

-Сан жим юрасанми, йўқми?-деди отаси.

-Нима қилибман?-деб жавоб берди захархандалик билан Дурдона.

-Вой, манжалаққининг қизи, яна нима қилибман дейди-я?! Нима, отанг, ҳеч нарсани билмайдими, дунёга шарманда қилдинг-ку? Қайси қоғозга қарасам, сени исминг. Бу кетишда гўрга кирасан!

-Кирсам кирибман, сизга нима?-дея қўрслик билан жавоб қилди Дурдона.

-Менга нима? Нимани кўрсатиб қўяман санга. Қанақа оёқ ташлаб юрганингни билмайди, деб ўйлайсанми?

-Билсангиз нима қилай? Мени ҳам Жаслиққа юборасизми?

-Жаслиққа онангни юбораман! Сани эса синглинг билан бирга Алматовга топшираман, бугун борган жойларинг бор-ку, ана ўша подвалда чиритади! Ит ҳам сўрамайди санларни! Жуда раҳм қилсам, керак бўлса, океаннинг нарёғига топшириб юбораман!

Шу куни Дурдона синглиси билан Алматовнинг ҳузурига боришганди. У ерда собиқ эрининг қариндошлари ётганди. Уларнинг қийноқларга солинганини ўзи суратга олиб, собиқ эрига юбормоқчи эди. Алматов уларга “томоша” кўрсатиб берди. Ертўладан чиқишар экан опа-сингил қалт-қалт титрашарди. Қулоқларининг остида маҳбусларнинг инграшлари, кўзларининг олдида уларнинг тирноқларини сўкиб олишгани…

Дурдона отаси айтганини қиладиган одам эканлигини билгани учун ҳам тилини тийишга мажбур бўлди. Отаси ҳам бироз жаҳлдан тушган бўлди ва:

-Ана биттасини топиб қўйдим, Сарваржонни. Кейинги ҳафтага тўй. Агар одам бўлиб у билан яшасанг, ўрнимга ўшани қўяман ва ундан кейин билганингни қилиб юраверасан,-деди.

Дурдона бошини эгиб турганди бу гапдан яна ўт олди.

-Нима мен сизга қулман-ми, истаган пайтда сотасиз? У латтани мен яхши биламан, энди ҳезалак билан яшамаганим қолдими?

-Агар гапга кирмасанг, кўзимдан йўқол! Даф бўл, бу ерларда қорангни кўрмайин-ки, уриб оёғингни синдираман. Мени бутун миллат отам дейди, оёғимни ўпади. Сан бўлсанг манга гап қайтарасан, йўқол. Қорангни ўчир!

Шундан кейин уни дарҳол Москвага жўнатишганди. У отасидан хафа бўлиб ҳамма бойликларини Москвага таший бошлади. Шу орада олтинлари қўлга тушиб, мана энди Жосуслик хизмати бошлиғи билан шу ҳақда гаплашаман деб келса, гап бошқа томонга  кетди.

Дурдона гапни айлантириб ҳужум қилиб кўрмоқчи бўлди:

-Мени бу ерга олиб келган хоним пенсияга чиқсалар филмга сенарий ёзишлари мумкин экан, қолаверса сиз ёки сиздан кейинги одам менинг ўғлимни шу ерда қабул қилганда бу учрашув ҳақида айтиб қўйиши ҳам мумкин…

-Сиз аслида разведкачи бўлишингиз керак экан, мени дарҳол икки нуқтада ушладингиз,-деди мезмон.

-Мендан разведкачи чиқмайди,-деб қўя қолди Дурдона ҳужуми дарҳол пучга чиққанидан руҳсизланиб.

-Нега чиқмас экан, гўзалсиз, ақллисиз, чаққонсиз…

-Раҳмат! Раҳмат!-дея кулиб қўйди Дурдона.

-Ана у шофер қиздан хавотир олманг. У пенсияга чиқса ҳам гунг бўлиб ўтадиганлардан. Лекин келажакда сизга содиқ хизмат қилади. Илгари отангизни бу ерга олиб келган одам ҳалига қадар у кишига ёрдамчи…

Дурдона отасининг ёрдамчисини яхши билади. Жуда айёр одам. Отасидан бошқани бир тийинга олмайди. У отасидан олдин ҳам шу ишда ишлаган. Ҳамма ундан қўрқади. Аммо шу лаҳзада мезмон у ҳақда ўйлашга изн бермаётган эди.

-Ўғлингиз масаласига келсак, сиз отангизнинг бу ерда бўлганидан фақат ишонч туйганингиз каби у ҳам бизга ишониши учун айтилса, ажаб эмас. Лекин бу учрашув қайдиятдан ташқари.

-Мен олтинларим ҳақида ҳамма идорани хабардор қилган эдим. Умуман Тошкентдаги олтинлар бу томонга оқса нимаси ёмон, сизлар бой бўласизлар-ку?- Дурдона асосий мақсадга ўтиб қўя қолди.

-Фақат бизлар эмас, сиз ҳам…

-Хўп мен ҳам. Лекин бу билан мени ҳам, бошқаларни ҳам чўчитиб қўйдингизлар.

-У ерда ҳар икки томондан ҳам хатолик бўлган. Юк 20 тонна деб кўрсатилган экан ва амалда 25 тонна бўлган.

-Буни олдиндан қандай билдингизлар? Чунки юк ушлангандан кейин тортиб кўрилган. Қолаверса, юкни дипломатик йўл билан олиб келгандик, -деб ажабланишини яширмасдан очиқ гапирди Дурдона.

-Унутманг, ҳали 15 йил олдин битта мамлакат эдик. Ҳали ҳам илдизларимиз мустаҳкам. Мен фақат отангизнинг ёрдамчиси ҳақида гапирдим. Аммо МХХда асосан бизнинг кадрлар ишлашини унутманг. Бунинг учун ҳам отангизга раҳмат. Сиз ёш эдингиз, 1991 йилда Олий мажлис сессиясида МХХни тарқатиб юбориб, ўрнига янгитдан миллий бир ташкилот тузишмоқчи бўлганлар чиқишганди. Ўшанда отангиз қаҳрамонлик қилдилар ва МХХни сақлаб қолдилар. Шу билан ўзларини ҳам сақлаб қолдилар.

-Демак, фақат отамни эмас, мени ҳам назорат қиласизлар?

-Вазифамиз! Ҳамма нарсани ва ҳаммани назорат қиламиз.

-Менинг соқчиларим ҳам бўлмаса сизларга…

-Ҳозирча йўқ. Биз унчалик пастга тушмаймиз. Лекин сиз истасангиз уларни ҳам алмаштирамиз.

-Қандай алмаштирасиз?

-Ҳар қандай ақлли одам ҳам оддийгина нарсаларнинг ечимида қийналиб қолади дейишгани рост экан…

Бу гап Дурдонага қаттиқ тегди. Худди ахмоқлигини кўрсатиб қўйган одамдек хижолат чекиб қолди. Раис пайт келганини сезгандек:

-Лекин биз томондан қилинган хатони тузатамиз, 20 тонна олтинни айтилган жойга етказиб қўйишади,-деди.

-Қолганичи?

-Қолгани расмийлаштирилмагани учун кейинроққа қолади. Муносабатларимиз дарз кетмаса уни ҳам оласиз.

-Лекин барибир ёмон бўлди, бу ҳақдаги гаплар матбуотга ҳам чиқиб кетди,-деди Дурдона.

-Миш-мишлар чиқди, холос, биз буни расман рад этсак, миш-мишлигича қолиб кетаверади. Отангиз бу гаплар ҳақида сўраган эдилар, текшириб чиқамиз, деб масалани орқага ташладик. Лекин сиз билан менинг ҳар кун учрашувим қийин. Имкониятдан фойдаланиб баъзи нарсаларни гаплашиб олсак.

-Нимани?

Дурдона шундай деб атрофга қаради. Бино уч қаватли бўлиб улар биринчи қаватда, кираверишдаги жойда ўтиришганди. “Ҳаммаёққа ёзиб олувчи жиҳозлар қўйиб ташлашгандур? Бу суҳбат дадамга бориб етса нима бўлади? Шундай ҳам ҳар кун бақиргани бақирган. Ойимнинг миясини еб ташлади. Ўзи-ку куёвини ёқтирмас эди, энди ажралгандан бери икки гапнинг бирида “Мени дунёга шарманда қилдинг” деб айтади. Уни ўзи топган эди. Ўзи ёқтирмади. Ўзи ҳайдади. Энди яна ўзи бақиради. Шунақа ҳам золим бўладими одам?

Дурдонанинг хаёлга ботганини кўрган раис:

-Сиз мени Володя денг, мен эса сизни Диля дейман,-деди.

-Дугоналарим Диля дейишини бутун дунё билади. Шу гапларни ташқарида гаплашсак бўлмайдими?-деди Диля.

-Нега энди? Ёки бу ерда гапларимизни ёзиб олишади, деб хавотир қилаяпсизми? Хавотир олманг бу ерда ёзишмайди. Лекин ташқарига чиқиб гаплашсак ҳам бўлади. Фақат ташқарида нарёқдагилар сателет орқали суҳбатимизни ёзишлари ҳам мумкин. Шунинг учун сиз Диля бўла қолсангиз яхши. Бу ерда эса бизникилар, улар ўз бошлиқларини ёзишадими?

-Бир пайтлар ҳатто “Горбач”ни ҳам ёзишган-ку? Мана энди очилди. Сизни ҳам ёзишлари мумкин,-деди киноя билан Дурдона.

-Ёзадиган бўлсалар нима ташқарида ёзишмайдими? Лекин биз яширадиган нарсалар ҳақида эмас, келажагимиз ҳақида гаплашаяпмиз. Буни сизнинг мамлакатга ҳам, бизга ҳам фойдаси бор. Биз ҳеч қачон энди эски тузумга қайтмаймиз. Қайтадиган бўлсак, беш-олти йилдан бери ялиниб юрган Белорусни аллақачон қўшиб олардик.

-Унда Украинадаги инқилобга нега бу қадар жаҳлларингиз чиқмоқда,-дея киноя қилди Дурдона.

-Бу жиддий масала. Бизни бўғзимиздан бўғиб олишмоқчи. Биласиз, МДҲ катта бозор. Бозор учун ҳаммавақт кураш бўлган. Оддий бозорда ҳам савдогарлар эртароқ бориб, яхшироқ жойни эгаллашга уринадилар. Бугун ким дунёга кўпроқ қурол сотса, ўша мамлакат бой бўлади. Бу оддий ҳақиқат ва биз МДҲни қўлдан чиқармаслик учун курашамиз. Чунки дунёда энг катта қурол ишлаб чиқарувчиларданмиз. Қолаверса, Туркман газини Авропага биз сотамиз. Газ сизнинг мамлакатдан ўтиб келади. Яна ҳам қолаверса, пахта ва ҳоказо. Буларни сизга айтиб ўтиришнинг ҳожати йўқ. Мендан яхшироқ биласиз.

-Нега энди қўшиб олмаймиз деяпсиз, агар биз истасак-чи?

-Ҳеч қачон истамайсиз. Отангиз ҳам истамайди. Халқингиз ҳам истамайди. Икки марта қўшиб олиб биз нимага эришдик? Бугун энди бизнинг халқ ҳам истамайди? Тўғри истайдиганлар бор. Аммо бу ишни амалга оширадиганлар охири яхши бўлмалсигини биладилар. Чеченистон халқимизнинг тоқатини битирган…

-Чеченистон масаласи бу сизларнинг ички курашингиз. Ҳокимият учун курашни Чеченистонга кўчиргансизлар…

-Балки… Демак, бу ўйинга мос одамларни ўша ердан топганмиз. Хуллас, сабаблари кўп. Сизларни эса яқинимизда тутиб, олди берди қилишни ва бошқаларнинг орқа томорқаси бўлиб қолмасликларингни истаймиз. Биз олдин ўз мамлакатимизни оёққа қўйиб олишимиз керак. Шу билан бирга яқинимизда бўлаётган воқеаларни ҳам шундай кузатиб тура олмаймиз.

-Керак бўлса сизлар ҳам Ғарбнинг мусиқасига ўйнаб кетасизлар, Володя,-деди Дурдона бўш келмасликка ҳаракат қилиб ва кўчма номга ўтиб.

-Биз ҳеч кимнинг мусиқасига ўйнамаймиз, Диля. Агар ўйнаганимизда ҳозир иккаламиз гаплашиб ўтирмаган бўлардик. Мана сиз Москвага ишга келганингиздан кейин сизни ушлаш ҳақидаги талабномани олганмиз.

Володя шундай деб папкадан бир қоғозни олиб Диляга узатди. Диля унга кўз югуртирди-да:

-Пашшадан фил ясашади, буни ўзингиз ҳам биласиз,-деди.

-Аммо улар пашшани эмас, ҳақиқий филни ушлашга умидвор. Мана бу талабнома ҳам ўша кезларда келган.

Энди Володя “Траффикинг” деб ном олган ва турли мақсадларда хотин-қизларни четга сотиш бўйича Дилянинг ширкатлари шуғуллангани ҳақида ҳам уни сўроқ қилиш кераклиги борасидаги талабномани унга узатди.

-Менинг ширкатим ёшларга иш топиб берган. Корея, Араб давлатларига юбориб уларни иш билан таъминлаганман. Бу ҳам Ғарбга ёқмайди. Чунки арзон ишчи кучини ҳаммадан кўпроқ улар истайдилар. Мана энди тўҳмат қилишмоқда.

-Буни тўҳмат деб бўлмайди. Биргина Дубайда мамлакатингиздан бир йилда 563 нафар аёл фоҳишхоналарда ушланган ва уларнинг аксарияти сизнинг ширкатларингиз орқали четга чиққан. Уларга мана шу кифоя. Кўрдингизми, сиз яхши ният билан иш қилаяпсиз, кимлардир бузуқчилик қилаяпти ва айбни сизга қўйишяпти. Шунинг учун ҳам биз бунга эътибор қилмадик,-деди Володя.

Диля хаёлга ботди. Демак, бу ҳамма нарсани билади. Биринчи марта шу таклиф кимдан чиққанди, ўзи? Эслади. “Пантера” клубида ишлайдиган бир йигит келиб:

-Мафия ҳозир қизларни четга сотиш билан шуғулланмоқда. Бир йилда бир неча миллион пул қилишаяпти. Шуларнинг ҳам танобини тортиб қўйиш керак,- деганди.

Шундан кейин Дурдона “рекетчи” болаларни мафиячилар олдига юбориб, уларга қўшимча солиқ солганди. Кўп ўтмай мафиячиларнинг каттаси унинг ёнига келди:

-Опа, бу ишни сизнинг ёрдамингиз бўлмаса ривожлантира олмаяпмиз. Бир томондан Ички ишлар вазирлиги, иккинчи томондан хавфсизлик хизмати, кейин прокуратура ҳам ҳақ талаб қилаяпти. Сизнинг паноҳингизга ўтсак, ана шулардан ҳам қутулган бўлардик. Ҳозиргидан кўпроқ фойда қилардик, олтмиши сизга, қирқи бизга,- деди.

-Йўқ,-деди Дурдона ўшанда,- тўқсони менга, ўни сенларга. Бу сенларнинг кўпроқ ишлашларинга йўл очади ва талтайиб ҳам кетмайсизлар. Ана у идорадагиларга айт, менинг олдимга келишсин, ҳақларини ўзим бериб қўяман.

Дурдона аввалига четдан шакар, сариқ ёғ олиб келар ва божхона ҳаққи ҳамда солиқ тўламасдан катта даромад қиларди. Аммо янги иш унга ҳеч қандай ташвиш туғдирмади. Жуда тез ривожланди. Фақат Араб давлатларига эмас, бу ёғи Ҳиндистон, нарёғи Португалиягача ҳам қизларни пуллашди, ҳам ёш йигитларни ишга юбориб уларни қулдек ишлатиб, катта даромад қилишди. Келган миллионларни эса четга чиқариб хорижий банкларда тўплай бошлади. Шуларни ўйлаб:

-Володя, ҳали кутиб туринг, банкларда ҳам шунча пули бор, деган қоғоз оласиз,-деди.-Чунки болаларим масаласини кўриб чиққан суд боргунимга қадар ўтган ҳар бир кун учун 500 доллардан жарима белгилабди. Ҳозирнинг ўзи бу пул анча бўлган. Эртага фалон банкда пули бор экан, бизга беринг, деб ҳам талабнома юборишади.

-Юборишган,-деди Володя ва яна бир қоғозни кўрсатди:

-Майли, булар билан асабингизни бузмайлик. Лекин Кайман оролларидаги пулларингизни Қибризга кўчиришни маслаҳат бераман. Уларнинг назорат ҳудудидан чиқишингиз керак. Отангиз Шветсария, Франсия ва бошқа мамлакатларнинг банкларида ҳам сизнинг номингизга олтинлар қўйган. Уларни ҳам кўчириш керак. Агар бир нуқтага кела олсак, ўйлайманки келамиз, чунки бунинг биздан ҳам кўп сизга фойдаси бор, ўзимиз ёрдам берамиз. Мана бу қоғозларга эса эътибор қилманг. Бу ҳаммаси ҳасад, кўра олмаслик, тузоққа илинтириш учун қилинган уринишлар. Аммо биз президентимизнинг бир оғиз гаплари билан буларни архивга қўйганмиз. Фақат бугун учрашганингда кўрсатиб қўй, бизнинг унга ёмонлигимиз йўқ, дедилар.

-Ҳали бу учрашувимизни у киши биладиларми?-дея ҳайратланди Дурдона.

-Албатта, мен у кишидан изн олмасдан бундай учрашувга қарор бера олмасдим. Билардим, сиз олтинлар масаласини ўртага қўйишингизни. Ўзингиз айтгандек, бу матбуотга ҳам чиқиб кетди. Ҳаммасига у кишидан изн олдим. Сизга ҳурматлари жуда баланд. Бирор кун ўзим ҳам учрашиб гаплашаман дедилар.- Шундай деб Володя яна гапни ҳужжатларга бурди:

-Кўрдингизми, булар келганига беш-олти ойдан ошди. Агар биз сизга дўст бўлмасак, ўзимизни яқин тутмасак ушлаб берардик. Орада шундай шартномамиз бор. Ҳатто отангиз жаҳлимизни чиқариб турганда ҳам буни қилмадик. Уларга изн бериб, шу ердан сизни ушлаб кетишларига кўз юмиш билан отангизни уларга қарши қайрашимиз мумкин эди. Лекин буни ҳам қилмадик, чунки сизнинг томирингизда бизга яқинлик бор. Биз онангизни ҳурмат қиламиз. Биз ҳеч қачон ўзимизникини  сотмаймиз. Биз битта одаммиз…

-Раҳмат! Лекин барибир ҳар қандай ҳимматнинг ҳам ортида мақсад бўлади?-деди Диля.

-Чунки биз сизга ишонардик. Келажакда сиз билан иш қилишга ишонардик,-деди Володя.

-Шунинг учун олтинларни ушлаган экансизлар-да?!

-Йўқ бундай эмас, десам барибир шубҳа қиласиз, майли сизнингча шундай бўлиб қолсин, менга кўра эса орада англашилмовчилик бўлган. Биз ҳаммасини билардик ва ҳатто ўша қўшимча беш тонна қаерга кетганини аниқлаб, кейин сизни тузоққа илинтиришимиз мумкин эди. Буни қилмадик. Чунки бизга тузоққа илинган одам эмас, сиз каби қўрқмас, мустақил одам керак.

-Мен нима учун керак, сизларга?

-Отангиз қариб қолмоқда, буни тан оласизми йўқми, барибир бу ҳақда ўйлашимиз керак. Қариган сари у киши ўзи билмаган ҳолда майдонни океаннинг нарёғидагиларга бўшатиб бермоқда. Уларни сиз биздан яхши танийсиз. Уларга қолса, сизни ҳам ушлаб кетишса…

-Дадам билан бир неча марта тортишиб қолдик. Дадам жуда ўжар. Мени ҳали ҳам бола деб ўйлайди ва фикрим билан ҳисоблашгиси келмайди,-деди Диля юрагига яқин гап очилганидан енгил тортиб.

-Лекин биргаликда иш қилсак, дадангизни йўлга солиш мумкин. Бундан ҳам муҳими у кишидан кейин биз у ерда ё сизни, ёки сиз истаган одамни кўришни хоҳлаймиз. Улар ўз одамларини тайёрлаб қўйишди ва инқилоб қилиб ҳокимиятни унга олиб беришмоқчи. Дарвоқе, илгари ҳам 25 тонна олтинни ушлашган экан, у сизга оид эмасмиди?

-Ўшандан кейин бу партияни расмийлаштирган эдим-да, аммо болалар беш тоннасини шундай қўшиб юборишибди,-деди Диля эркаланган оҳангда.

-Уни ҳам қайтарамиз. Лекин отангизни қандай қайтарамиз, бу жумбоқ бўлиб турибди. Биз билан ўйин қилаётганга ўхшаяпти. Ҳамма гапимизга “хўп-хўп” деб айни пайтда уларга ҳам йўл бераётгани бизга ёқмаяпти.

-Дадам, ўжар боладек гап, айтганини отаси олиб бермаса, жаҳл қилиб тўнини тескари кийиб олади. Сизлар унга ниманидир йўқ деган бўлсаларинг керак-ки, океаннинг нарёғига ҳам кулиб қарайдиган бўлди.

-Аслида биз ўзимиз кулиб қарашни айтган эдик. Лекин бунчаликка боришини кутмагандик.

-Дадам жуда ўжар ва бир фикрга ёпишиб олса, ундан ажралиши жуда қийин. Сиз боя айтган гапни унга бир неча йўл орқали исботлаш керак. Ҳатто буни ўзингиз ёки президент расман айтишлари ҳам керак. Бунга ҳам шубҳа қилади. Балки бирор жойда мажлисда айтиш керак. Шундагина ишонади,-деди Диля.

-Мен ёки президент айтишимиз қийин эмас. Истаган қадар далиллар ҳам қўямиз ўртага. Аммо очиқ айтиш, бу бўлмайдиган гап.

-Хўп, уларнинг режаларини менга айтишингиз мумкинми?

-Мумкин. Масалан, улар бир қанча ноҳукумат ташкилотларни Тошкентда рўйхатдан ўтказишди. Энди вилоятларда ҳам бўлимлар очишди. Ҳозирнинг ўзида бир қанча ёш журналистларнинг бошини айлантириб олишди. Кейин инсон ҳуқуқлари билан шуғулланадиганлар ҳам кўпайиб кетди. Мухолифатни ҳам улар бошқармоқда. Веб саҳифалар қилиб беришди. Ҳатто программаларини ёзиб беришмоқда. Томчи, томчи тўпланиб дарё булур деган мақолларингиз бор. Бунинг устига нарёқдан келган ҳарбийлар бинолар қуриб муқимга қолишгандек иш қилишмоқда.

-Ҳа, улар нима дейишса, дадам шуни бажармоқда. Уларга дадамдан ҳам яқинроқ одамни топиш осон бўлармикан. Дадам улардан жуда қўрқади ва айни пайтда фақат улар ёрдам бериши мумкин деб билади. Сизлардан эса амалий ёрдам ололмайман, деб ўйлайди.

-Уларга ҳам дадангиз керак. Лекин уларнинг режими бошқа биласиз. Ичкаридан сиёсий босқи остида қолишса, дарҳол режалари ўзгаради. Бунинг устига улар демократияни ёйиш асосий планимиз деб эълон қилиб юборишди ва бу йўлга жуда катта маблағни йўналтиришмоқда,-деди Володя фикрини асослашга уриниб.

-Ҳа-я, сизларни ҳам тинч қўйишмоқчи эмас,-деди Диля кинояомуз оҳангда.

-Кўрдингиз Грузияда нима бўлди? Украинада ҳам олдини ололмадик, ахмоқлар гапга қулоқ солишмади, энди бу нарса сиз томонларга ҳам ёйилади. Ноҳукумат ташкилотларининг идораларида ҳар куни 40-50 кишини тўплаб, қандай қилиб Чаушескони йиқитишганини, Гуржистондаги, Украинадаги инқилоб ҳақида ўзлари олган ҳужжатли филмларни намойиш қилишмоқда. Аммо дадангиз бунга эътибор қилмаяпти. Қанча маълумот киритаяпмиз, аммо кўз юммоқда.

-Яхшилаб тушунтирса, эътибор қилади…

-Гап ўша тушунтирадиганларда, дадангизни атрофини Ғарбга қулоқ соладиганлар ўраб олган, аста-секин уларни у кишига таъсир қила олмайдиган жойларга ўтказиш керак. Бунда сиз катта рол ўйнашингиз мумкин…

Улар узоқ гаплашдилар. Бу биринчи учрашув бўлгани учун Володя кўпроқ хушомад қилиб, Дурдонани ўзини ўзига мақтади. Анчагина ичганлари учун ҳам Володя жиддий масалаларни гаплашишни орқага олди. Аммо улар хайрлашар эканлар Дурдона:

-Унутманг, дадам исботни яхши кўради. Уни бир марта ишонтирсангиз бас, қолгани жуда осон бўлади. 1999 йил феврал, 2004 йил апрел воқеаларида сизларнинг қўлларингиз бор деган гаплар чиққан эди. Тағин улар сизлардан олдинга ўтиб дадамни ишонтириб қўйган бўлишмасин.

-Қойилман, ҳали ҳам шу ҳақда ўйлаяпсизми?-деди Володя.-Бўпти дастлаб, бирорта мақола чиқарамиз.

-Чиқараверинг, у ҳам керак, лекин дадамга у кифоя қилмайди.

-Нима қиламиз бўлмаса?

-Камида ё баёнот беришингиз ёки бирорта минбардан шу ҳақда гапиришингиз керак. Масалан, Думага ҳисобот бериш учун борганда, гап орасида буни ҳам қистириб ўтасиз. Истасангиз, Думада ёпиқ мажлис қилинг, кейин дадамга стенограммани етказамиз.

-Мен катталар билан гаплашиб кўраман, аммо сиз мендан ҳам бало экансиз,-деди Володя.

-Бизда бало сўзини ҳам яхши, ҳам ёмонга ишлатадилар.

-Агар ёмонга ишлатадиган бўлганимизда, шунча вақтни сизга бағишлаган ва яна учрашишга орзуманд бўлармидик?

-Яна қачон учрашамиз?

-Соня орқали хабар юбораман,-деди Володя Дилянинг кафтини ўз кафтига босар экан.

-Унга ишонса бўладими?-дея сўради Диля.

-У менинг ишончли одамим…

-Лекин баъзан дадамни ёмонлаб ёзарди-да…

-У пайтларда дадангизни танқидий мақолалар орқали йўлга солиб турардик. Керак бўлса эртага сизни мақтаб ёзади.

-Ҳали эрта, дадам шубҳа қилиб қолиши мумкин…

-Эрта деб кутиб ўтиверсангиз, эрталар тугамайди. Менимча битта-бита чиқариб дадангизни ҳам ўргатиш керак. Масалан, аввал сизга қарши чиққанларга жавоб уюштирамиз. Кейин эса алоҳида суҳбатлар ва мақолалар. Одамлар кўп ўқийдиган вебсайтлар ҳам бор. Уларни ҳам ишга соламиз. Қарабсизки, отангиз ҳам сиздан фахрланадиган ва сизга ишонадиган бўлиб қолади. Майли, қолган гап ва режаларни кейинги учрашувга сақлайлик, вақт ҳам алламаҳал бўлди,-дея Володя Дилянинг қўлини ўпди.

-Битта саволим бор, шу дадамнинг юрагида бир сония бўлса-да, сиздан юз ўгирганига ишонасизми?-деди Диля.

-Йўқ, ишонмайман, дадангиз бизнинг одам бўлган ва бизнинг одам бўлиб қолади. Аммо қариди… Қолган гаплар эса, шунчаки суҳбат эди. Асосий гапларни кейинги сафар гаплашамиз!

Володя шундай деб Дилянинг ёноғидан ўпди-да, машинага миндириб, жўнатиб юборди.

САККИЗИНЧИ БОБ

Қорабой ака билан бировнинг иши бўлмай қолди. У ҳар куни уч марта овқат олиб келадиган йигитдан бошқа ҳеч кимни кўрмайди. Нонуштага бир бурда қора нон билан бир қоғоз қутида совуган чой олиб келади. Тушликка эса эскириб, миталаб кетган гуруч солинган бўтқа. Кечқурунга шўр карамдан қилинган карам шўрва. Уни ичса, кечаси билан ташнасини босолмай чиқади. Чунки сув ҳам унинг истагига қараб эмас, уларнинг истагига қараб берилади.

Овқат ва сув камлиги бир томондан яхши деб ўйлади Қорабой ака, акс ҳолда хона бундан ҳам баттар сасиб кетарди. Илгарилари бу ерга терговчилар келиб туришгани учун хона четидаги ахлат ва нажас қутисини ҳар куни олиб чиқишга буюришарди. Шу баҳонада у ҳам камерадан чиққан бўларди. Энди эса бу уч кунда ёки тўрт кунда бир марта.

Инсон ҳамма нарсага кўникувчи экан. Аммо бир нарсага кўника олмас, у ҳам бўлса ўзи билан ўзи курашга. Ички жангни бас қиламан дейди,  бас қила олмайди. Унга кўникаман дейди, кўника олмайди. Унинг учун кун билан туннинг, ухлаш билан бедорликнинг фарқи қолмаган. Кўзи юмилганда тун, кўзи очилганда кун. Кўзи очилди дегунча хаёлига келган илк нарса “Ҳали тирик эканман” деган ўй бўлади. У ҳар куни “Бугун ўлиб қолсам керак” дейди.

Болалигида эшитган гаплари ёдига тушади. Одам ўлимидан олдин Азроилни кўраркан. Шундан билади-ки, умрининг сўнгги келган. Қорабой ака Азроил қаёқдан келар экан, деб хонанинг тирқишларига термулгани термулган. “Нега кела қолмайди? Нега вужудимдаги бу оғриқлар, руҳимдаги бу азобларга чек қўймайди? Мен нима гуноҳ қилдимки, бу қадар қийнайсан, Раббим? Ёки мени яратиб қўйиб, унутиб юбордингми? Астағфурулло! Нималар деяпман-а? Тўғрисини айтаяпман. Бошингга қилич келса ҳам тўғрисини айт деб ўзинг ўргатгансан, Раббим!

Шу берган неъматингни ол қўй, уни истмайман! Бу неъмат жонимга тегди. Яшашдан ҳазар қиламан. Бу дунё ёлғонлигига ишондим. Аммо у дунё ростлигига ҳам ишонмайман. Қудратингни намоён қилиб ишонтир мени!

Бу дунёни синов дейишади. Агар адолатсизлик, қийноқлар, таҳқирлар билан синайдиган бўлсанг, ўтмадим синовингдан, ол берганингни!”

Шундай кезда ички “мен” уни босимга оларди.

“Нима энди Худо сени яратиб қўйиб, ҳамма ташвишингни ҳам кўтарсинми? Сен Худодан истаганинг истаган, аммо унга нима бердинг?”

“Нима беришим керак?”

“Нега ибодат қилмаяпсан, балки Худо сени жонингни ибодат пайтида олишни буюрган бўлсачи?”

“Худдо битта менинг ибодатимга қараб қолганми, ўзига ибодат қилишлари учун бандаларини ўтдан олиб, ўтга солиши керак-ми?”

У шундай дедию худди Азроилни кўргандек севиниб кетди. Тавба, одам Азроилни кўришдан ҳам севинар экан-а? Ўлимга яқинлашишдан ҳам севинар экан-а, одам!

У ўрнидан туриб намоз қилмоқчи бўлди. Қибла қайси томонда экан, деб ўйлаб қолди. Ҳар ҳолда бир парча ёруғлик тушадиган ана у туйник томонда бўлиши мумкин, деган фикр ўтди хаёлидан. Нима бўлса ҳам ўша ёқни ўзига қибла қилиб олди ва бошини саждага қўйган эди ҳолсизликдан қаддини қайта ростлай олмади.

“Кўрдинми, боринг мана шу, тағин Худодан шикоят қиласан”, деди ички садо. У ички садога ўчакишиб ўрнидан туриб ўтирди ва кейин тик турмоқчи бўлди. Тиззалари худди нина ботгандек зирқираб оғрий бошлади. У қийнала-қийнала ибодат этаётган пайт бирдан эшик очилди.

-Ҳа, жон кириб қолдими, зерикиб қолдингми?-деди навбатчи.-Ма, мана буни ёдла. Ҳар куни уч марта айтиб берасан, бўлмаса овқат ҳам сув ҳам йўқ.

Навбатчи шундай деб унинг башарасига бир парча қоғозни отди. Олса Барот Бойқобилов деган шоирнинг шеъри экан:

“Президент эл учун мисоли Падар,

Барчани кўради фарзанди қадар.

Ватаним деб қилмиш жонини фидо,

Паноҳида доим асрасин Худо!

Фалокатга қилиб кўксини тикка,

Худо сақлаб қолди уни Ўзбекка!

Ўзбекистон буюк келажак сари,

Қадам қўйди-омон бўлсин сарвари!

Ислом нури билан давлат безансин!

Ҳар дилда иймоннинг чироғи ёнсин!”

Қорабой ака шоир зотидан нафрат қилди. Бир пайтлар қайси бир мулла “динда шоирлар қораланган” деганда ундан ҳазар қилган бўлса шу дамда у тўғри айтган экан деб ўйлади. Биттаси fақат “Ислом отам” деб гапиради ва “Ислом отам” деб ёзади. Унинг ошнаси эса “Сизга отилган ўқ менга тегсин” дегани деган.

“Тўхта, ким ўқ отди унга? Мана энди яна биттаси чиқибди. Балки улар ҳақдурлар? Балки ростдан ҳам “Ислом ака” нажот қалъасидур?”

Қорабой ака бирдан Каримовга хат ёзгиси, ундан мадад сўрагиси келди. Балки ростдан ҳам у бу ерда нима бўлаётганини билмас, балки  билару ана у шоирлар билмас? Агар билганда шундай катта шоирлар у ҳақда қўшиқлар ёзишармиди?

“Астағфурулло, -деди ички нидо. -Сенга нима бўлди? Ҳали яқиндагина ҳамма нарса Каримовдан бошланади деб айтиб юрган одам бирдан ундан нажот излаб қолдингми? У бу камерада нима бўлаётганини кўрмаслиги мумкин. Аммо шундай бўлаётганини билади. Агар у рағбатлантирмаса, аксинча жазосини берса, булар девордан ҳам қўрқадиган бўлишарди. Ҳозир эса деворни ҳам қийнаб гапиртирадиган бўлишган.”

 Бир зумда у фикридан қайтди. Шеърни бир четга улоқтирди.

Аммо навбатчи кечқурунги овқат олдидан ундан шеърни ёддан айтиб беришни талаб қилди. У айтолмади. Совуган чой какарам шўрвадан дан қуруқ қолди. Яхши деб ўйлади. Тезроқ ўламан. Аммо ўлиш қаёқда. Қорнинг дўмбира чалиб турса, томоғинг қуриб қолса, ўлим ҳам қочиб кетар экан.

У камерада суллайиб ўтирар экан, ёнига яна бир кишини олиб келишди. Ўзи сичқоннинг инидек тор жой бўлса, яна биттасини олиб келганларига бало борми?

У одам мулла экан.

-Аблаҳлар, Худодан ҳам қўрқишмайди, бетга хатимга келгандим, ушлаб олишди,-деди ҳалиги йигит.-Окам касал. Оллоҳдан шунга нажот сўраб, бечораларга хизмат қилиб юрибман. Окамнинг дўсти хатим қилган экан, шунга келгандим. Нима эмиш, мен ваҳобий эмишман? Ваҳобий сенинг муфтинг бўлади! Саудия Арабистони қиролининг ўғли билан ўқиган! Ваҳобий сенинг президентинг бўлади, Саудия Арабистонига бориб, Каъбапўш олиб келган. Ваҳобийлар билан оғиз-бурун ўпишганларга индамай, бизга қўл узатишади, аблаҳлар, ментлар!

У ваъзини тугатмасидан яна олиб кетишди ва бир соатдан кейин олиб келиб ташлашди. Бечорани уравериб момоталоқ қилишибди. Аранг ўзига келди.

-Мени исмим Пирмат,-деди у,-ошналарим Пирматча ҳам дейишади. Ташқарида одамингиз борми?

-Бор, қариндошлар…

-Йўқ, бирорта ишонган одам бўлса тепага хабар берардик, у ерда одамим бор, мана буларнинг онасини кўрсатар эдик, иккаламизни ҳам бу ердан олиб чиқишарди,-деди у.

Аммо Қорабой ака елкасини қисиб қўйди.Нега “ча” қўшишар экан? Бўйи паст бўлганда ҳам тушуниш мумкин. Аммо унинг бўйи ҳам паст эмас. Новчадан келган, қирра бурун. Тушкунликка тушмайдиган, ёруғликка интиладиган, ўқиган йигит экан.

-Ҳаммаёқни дин душманлари босиб кетди,-деди у.-Уларнинг ҳаммаси имом бўлиб мачитларимизга кириб олган. Туркияда битта Отатурк деган диктатор ўтган. Буларнинг ҳаммаси ўшанинг иши. Усмонлини йиқитиб, динни қайтадан тузмоқчи бўлган, аблаҳ! Ҳамма жомеларга биттадан айғоқчи киритган. Диндорларни ўлимга ҳукм қилиб, агар ўлиб қолган бўлса ҳатто қабрдан чиқариб қайтадан осдирган. Кейин шўролар ҳам унинг тажрибасини олганлар, мана энди кофирбоши ҳам шу ишни қилмоқда.

Қорабой ака аввал Пирматни айғоқчи деб тахмин қилган бўлса, кейин унга ишона бошлади. Ёлғизликда пайдо бўлган умид эди бу. Кўп нарсани билади. Айниқса диндан яхши хабари бор экан.

Қорабой ака умидсизликни тарк этиб, Пирматнинг ҳаётга муҳаббат тўла ҳикояларини эшитиб қайтадан тирилаётгандек ҳис этди ўзини. Ҳар кун ундан бир нарсани сўрар эди. Бугун Дажжол ҳақида сўради:

-Бир кун пайғабаримиз (с.а.в.) уйқудан туриб, Дажжолнинг қаёқдан чиқиши менга аён бўлди дебдилар. Кейин Дажжолнинг биз томонлардан чиқишини айтганлар. Дажжол одамга ўхшаган махлуқ бўлар экан. Тепамизда ўтирганни кўрсам унинг ичида Дажжол яширинган деб ўйлайман. Юзи совуқ. Кўзлари совуқ. башарасидан қўрқиб кетасан.

Пирмат шундай деб атрофга қаради. Кейин деворларни уриб-уриб текширган бўлади.

-Буларнинг ҳамма жойда қулоғи бор, аммо мен қўрқмайман. Тоғам буларнинг бошлиғи. Эшитиб қолса ҳаммасининг уйини куйдиради. Лекин баъзан эшитса ҳам эшитмасликка олади. Менинг Дажжолни ёмон кўрганимни билади. Лекин ўзининг ҳам дарди кўп.

-Тоғангизни шундай катта ишга қўйган бўлса нега уни ёмонлайсиз?-деди Қорабой ака.

-Мен Дажжол ҳақида гапираяпман, сиз бўлсангиз бошқа одам ҳақида ўйлаяпсиз,- Пирмат шундай деб қўли билан атрофни кўрсатди.-Аслида юртбошимиз жуда яхши одам. Худо яратган якто одам. Агар Худо истамаганда у шунча одамнинг бошига шунча йил раҳбар бўлиб ўтирармиди?

-Сталин ҳам ўтирган,-деди Қорабой ака.

-Биринчидан Сталин мусулмон бўлмаган, иккинчидан, у Худосиз бўлган, учинчидан Худо бу худосизларни бошқа бир худосизнинг қўли билан жазолаган,-деди Пирмат.

-Қанчадан қанча бегуноҳ одамлар ўлган…

-Биз қаёқдан биламиз, улар бегуноҳми йўқми, Худо ўзи билади, энди Дажжолга қайтсак, Дажжол келганда ҳаммаёқни ҳеч ким билмаган, эшитмаган касалликлар босиб кетар экан. Кўриб турибмиз, нима бўлганини. Кейин ҳамма бир-бирига тўҳмат қилган, бир-бирини қийнаган, отани боласидан болани отасидан ажратган…

Қорабой ака яна Пирматдан шубҳа қила бошлади. Бу менга оид гапларни билгани учун шунақа деяётган бўлмасин тағин дея ўйланиб қолди ва сир бермасликка, гапирмасликка аҳд қилди. Пирмат Дажжол ҳақида узоқ гапирди. Навбатчи эшикнинг тешигини очганда у:

-Ока минг долларлик иш бор,-деди.

-Орқангга тиқиб қўй ўша минг долларингни,-деди навбатчи.

-Солиҳбоев тоғам бўладилар, менинг бу ердалигимни етказиб қўйсангиз, ўзлари минг долларни керакли жойингизга солиб қўядилар…

Солиҳбоевнинг номини эшитган навбатчи:

-Балки Каримов амакинг бўлар, нима Солиҳбоев Тошкандан уйланганми?-деди.

-Ҳа-да, тоғам самарқандлик, аммо кеннойим тошканлик. Мани адам ҳам. Сиз фақат Пирмат шу ерда деб биров орқали етказиб қўйинг, бас. Қачонгача бу ерда ахлат ташиб юрасиз, дарров юқорига ишга ўтиб кетасиз. Ўзингиз қўрқсангиз, яқинларингиздан биттасига айтинг, мен берадиган рақамга телефон қилиб, кеннойимга айтиб қўйсин, етади.

Навбатчи эшикни ёпиб кетди. Қорабой ака яна Пирматга ишона бошлади. Пирмат Қорабой акани кундуз куни ухлашга ва ярим тундан кейин гаплашишга ундади.

-Ярим тундан кейин итнинг ҳам, мушукнинг ҳам уйқуси келди. Гапларимизни ёзиб оладиган тасмалари ҳам тугаб қолади,-дерди.

-Ростдан ҳам тоғангиз бу идоранинг бошлиғи бўлсалар сизни қамашга қандай журъат қилишди?-деб сўради Қорабой ака Пирматдан.

-Тоғам ҳали бошлиқ эмас. Ўринбосар. Аммо бошлиқ бўлиб қолиши мумкин деб ўйлашади. Иноятов жуда туллак одам. Дажжолдан дарс олган. Озгина калласи ишлайдиган одамни йўқотишга уринади. Ҳозир бу идора иккига бўлинган. Бир томонда Иноятовнинг одамлари, иккинчи томонда тоғамнинг. Ички кураш бор. Дажжол тоғамни чақириб “Иноятовни йўқотиб берасан” деб топшириқ қўйган. Аммо тоғам Дажжол Иноятовни ҳам чақириб “Солиҳбоевни йўқотасан” деганини эшитган. Булар ҳаммаси бир-бирини кузатади, бир-бирини эшитади. Шунинг учун ҳозир кураш очиқча бормоқда. Тоғамнинг одамлари Иноятовнинг қараиндошларини кузатишади. Унинг одамлари эса бизни. Мен Тошкентдан чиқишим билан орқамга тушишганини сездим. Аммо ушлаб, қамаб қўйишади деб ўйламагандим. Бунинг устига калтаклашди ҳам. Демак, иш жиддийлашган. Тоғамнинг қармоғига яхши бир ўлжа тушган-ки, булар ҳам питирлаб қолишди.

Қорабой ака ҳайратда қолди. Балки бу йигитнинг ақли ўйнаб қолганмикан деб ўйлади. Ундай эмас. Ҳамма нарсани билади, ҳамма нарсадан хабари бор.

-Дажжол бир куни Иноятовни бўшатаман деганди у урусларни ишга солиб уни қўрқитди. Бу идорада Алиев деган одам раис эди. Иноятов ва тоғам унинг қўлида ишлашарди. Иноятов Алиевни четлаттирди ва курсига ўзи ўтирди. Тоғам уруслар қандай ишга солинганини исботловчи ҳужжатларни Дажжолга олиб борганди уни Иноятовга ўринбосар қилиб қўйди. Шундан бери улар ит мушук. Алиевни эса ўлдириб юборишди.

-Сизни баҳона қилиб тоғангизни бўшатишлари ҳам мумкинми?-деб сўради Қорабой ака.

-Ҳа, йўқ, бугунгача мен бир неча марта тушиб чиқдим. Мени қамасалар тоғам дарҳол Алимов деган одамнинг ўғлини қамайди. Алимов Дажжолнинг маслаҳатчиси. Ўғли Тошканнинг энг катта машина ўғриси. Уни ушлашдими, Алимов Иноятовга чиқади. У эса тоғам ушлаб турган одамни ўз ҳолича қўйиб юбора олмайди. Кейин келишадилар. Гап шундаки, тоғам хабардор бўлиши керак.

-Булар хабарни етказмасликлари ҳам мумкин…

-Етказадигани топилади. Бу ерда ҳам ҳамма жойда бўлгани каби икки гуруҳ бор. Илгари  аммамнинг ўғлини ушлашганда бизга хабарини етказишганди. Мана кўрасиз, яна бир икки кун ўтсин, муносабат ўзгаради. Ҳали оёғимни ўпиб қоладиганлари келади. Агар Иноятовнинг одами тоғамнинг тўрига тушган бўлса, унинг ўзи хабар тезроқ тоғамга етишини истаб қолади.

-Бу идорада ҳам ҳаммаёқ ўйин экан-да!-дея ажабланди Қорабой ака.

-Ўйин бўлмаган жой борми, тақсир. Мана Ички ишлар вазирлигида еттинчи бўлим бор. Биласизми қанча одам ишлайди, 15 мингта. Бирортасини ҳам танимайсиз. Ҳаммаси институтларни битирган болалар. Ҳатто хотин-боласи ҳам қаерда ишлаганини билмайди. Қурилиш ташкилоти ёки заводда ишлайман дейди. Ишга келган жойи ростдан ҳам қурилиш ташкилоти деб ёзиб қўйилган бўлади. Ичкариси ментхона. Кириб ҳужжатларини олади, фотоаппаратларни олади, яни машинани олади. Кейин бошлиқлардан топшириқ олиб одамларни кузатшга чиқадилар. Кимни хохласалар ўшани кузатадилар. Ҳар қандай тўғри одамдан ҳам хато топадилар. Кейин ўша одамни сиқувга оладилар. Берса берди, бермаса расмлар тепага кетади. Шунча ёш йигитлар ватанга хизмат қилаяпмиз, жиноятчиларни ушлаямиз деб ўйлашади. Аслида катталарга хизмат қилишади. мен ўша ерда ишлаб чиққанман. Икки йил мухолифат аъзоларини кузатдим. Бечораларнинг қорни нонга тўймайди. Шунга қарамасдан адолат бўлсин деб ҳаракат қилишади. Биз бўлсак орқаларидан кузатиб, ким билан учрашди, кимникига борди, ҳаммасини расмга олардик.

Бир кун икки мухолифатчи бир жойга тўйга борди. Тўй қилаётган одам солиқ идорасининг раҳбари экан. Кузатиб турсак шунақа кўп раҳбарлар келишдики, шунақа кўп совғалар келтиришдики, оғзимиз очилиб қолди. Қўрқмасдан очиқчасига “яшил”идан тутқазганларини суратга олдик. Тўйда ҳам фақат доллар сочишди. Уй жойи ҳам шунақа экан-ки, қўяверасиз. Ҳаммасини тахлаб, катта бошлиққа олиб борсам: “Ахмоқ, сенга мухолифатни кузатишни топширганман” деб расмларни башарамга отган. Ердан териб оламан десам, қўлимдан юлиб олган.

Шундан кейин тоғамни ишга солиб, ташлаб кетдим у ерни. Кейин “жиян” эканлигимни билиб қолибди, уйимга пора кўтариб келди. Нима истаркан, десам, тоғамнинг идорасига ўтмоқчи экан.

-Ёрдам бердингизми?-дея сўради Қорабой ака.

-Мен ҳам пулини башарасини отиб юбордим. Ердан териб олганди, қўлидан юлиб олдим. Пулларни олиб бориб Тўхтабой мачитига бердим. Лекин собиқ бошлиғимга ёрдам бермадим. Барибир ўтди, фақат тоғамнинг гуруҳида эмас, унга қарши. Еган калтакларимдан ўша долларнинг ҳиди келмоқда..

Қорабой ака учун бирдан ҳаёт қизиқ бўлиб қолди. Бу дунёда ўзи ёлғиз эмаслигини ҳис қилди. Қийналган, азоб чеккан, алданган, хиёнатга учраган фақат у эмас экан. Бутун дунё ўйиндан иборат экан.

Ростдан ҳам орадан икки кун ўтиб Пирмат азиз одамга айланди. Унинг олдига келиб кетадиганлар, хушомад қиладиганлар қўпайди. Пирматни бошқа жойга кўчирадиган бўлишди. У Қорабой акани ҳам ўзи билан бирга олди.

Янги жойда яна беш киши бор экан. Улар жуда диндорлар бўлиб, ҳукуматга қарши ишларда қатнашган эканлар. Биттаси миршабни ўлдирган, иккинчиси ҳукумат одамининг бошини узиб кетган экан. Учинчиси катта мулла. Қолган иккитаси Мисрга бориб келиб туришаркан. Улар ҳам Каримовни Дажжол деб гапиришарди. Тезда Пирмат уларга ҳам ёқиб қолди. Пирматнинг одамлари келиб камерани махсус текшириб, у ёқ, бу ёққа ўрнатилган “қулоқ”ларни топиб олиб, “Мана энди эркинсизлар” деб чиқиб кетишди.

Пирмат тинмасдан Дажжолнинг ёмонликлари ҳақида гапирарди. У намоз пайтини соатсиз ҳам билар ва ўрнидан туриб қўлини қулоғининг орқасига қўйиб азон айта бошларди. Кейин мулла акани олдинга суриб, ўзи орқасида турар ва қолганларни ҳам бир сафга тизарди. Намоз тугаши билан Пирмат бир томонга алоҳида туриб, яна бир неча карат ўқирди ва кейин суҳбатларига ҳаммани маҳлиё қиларди.

-Еттинчи бўлимда ишлаганимда мухолифат раҳбарларидан бирини кузатдим. У машинасига Ички Ишлар вазирлигининг номерини тақиб олган эди. Ҳукумат номери билан юрсанг, қандай қилиб мухолифат бўласан? Ўзбекмиз-да, ким нима деса ишонаверамиз. Айниқса, пулим бор деса, танишларим бор деса, ҳукуматни олаяпман деса тамом, лаққа ишонамиз қўямиз.

Ўшанда биров унинг мушугини “пишт” демас эди. Истаса кириб Дажжол билан гаплашар, истаса бизнинг вазир билан. Лекин ҳамма нарсанинг кушандаси бор. Уни ҳам кузата бошлашди. У жуда лақмароқ, соддароқ одам эди. Орқасидан қадамба-қадам кузатсанг ҳам шубҳа қилмасди. Ўзига жуда ишонарди.

Бир кун ярим тунда чиқиб йўлга тушди. Дўрмонга етмасдан бир ҳовлидан ёш жувонни миндириб олди. Кейин Бўстонлиқ томонга йўл олди. Шаҳардан чиқиб кетдик, атрофда тирик одам йўқ. Биз орқасидан очиқ кузатиб бораяпмиз ҳам ҳеч нарсадан шубҳа қилмайди.

Бир вақт тепаликдаги уйнинг ёнида тўхтади. Аёл машинада қолди. У ичкарига кирди. Биз узоқроқда тўхтадик. Чунки ҳовли ёнида машиналар кўп эди. Айланиб ҳовлининг ичига ўтдик. Қарасак анчагина казо-казолар шу ерда. Деразага антена ўрнатиб суҳбатларини ёздик. Гап Дажжолни ўлдириш ҳақида эди. Ёзиб олдик. Ташқарига чиқиб атрофни кузатиб, аёлни ҳам расмга олиш ҳақида ўйладик. Аёл шундай чиройли экан-ки, бинақасини ҳеч кўрмагандим. Ёшлик-бебошлик. Бориб машинага ўтириб олдим, эси чиқиб кетди. Биқинига таппончани қўйдим. Шу пайт ҳалиги мухолифатчи чиқиб қолди. У машинанинг орқасида ўтирганимни ҳам сезмади. Тавба, бу қандай қилиб мухолифатчи бўлди дейман ўзимга ўзим. Қизнинг товуши чиқмайди. Нимадир бўлиб, авзойи бузилганми, мухолифатчи Тошканга қайтгунга қадар гапирмади. Жувон бир-икки ютинди ҳам парво қилмади. Тўғри ўзининг уйига келди ва машинадан тушиб, уйига кириб кетди. Бечора жувон машинада қолди. Мен уни орқадан келган ўзимизнинг машинага миндириб олиб кетдим.

Бир кун қарасам, ҳалиги мухолифатчи ҳақида бир мақола чиқиб қолди. Ёшлар уни шунақа ҳимоя қилишди, асти қўяверинг. Бу қиссадан ҳисса шулки, ҳалиги қиз ўша мухолифатчининг энг яқин дўстининг келинчаги экан. У келинчакни эридан ажратиб олган экан. Шундан кейин эри девонасифат бўлиб қолибди. Сўнг сарсон-саргардон юриб, ўлиб қолди.

Ўшанда ҳалиги мухолифатчи дўсти ҳақида шунақа зўр гаплар айтди-ки, менинг ҳам кўзимга ёш келди. Кейин билиб қолсам бечора дўсти унинг севгилисидан ажратиб олган, дарвеш қилган мухолифатчи ҳақида шубҳа ҳам қилмаган ва аксинча унга бағишлаб китоб ёзган экан. У ўлгандан кейин эса мухолифатчи унинг китобларини нашр этди. Хўш, Дажжолни ўртадан кўтарсак, кунимиз ўшанга қоладими? Ёки ўшанга ўхшаганларгами?

Бу ҳикоя Қорабой акага таниш эди. Лекин шундай бўлсада Пирматга қарши чиқди.

-Ука ҳаммани битта қилич билан чопманг, биттаси ёмон бўлса, иккинчиси яхши…

-Ака, ҳар битта одамга биттадан қилични қаердан оламан,-деди Пирмат.-Мана ман дегани шу бўлса, бошқасидан нима кутасиз. Ундан кўра қўрқмасдам ўзимиздан чиқарайлик. Мана Абдусоли домлани ёки Собитхон домлани йўлбошчи қилиб кўтариш керак.

Бу гапдан кейин суҳбат қўр қолди.

-Улар динсизлар мамлакатига бош бўлишни истамайдилар,-деди бир йигит.

-Ким динсизлар мамлакати ҳақида гапирмоқда. Агар ҳокимият олинса, бир ойда диндорлар мамлакатига айланади,-деб жавоб қилди Пирмат.

-Ҳамма одам динни истамайди-ку?- деди Қорабой ака.

-Унақа деманг. Хохламаганларни, диндан қайтганларни кофирлар юртига жўнатамиз,-деди Пирмат.

-Демократия яхшироқ эмасми?-деди Қорабой ака товушини ичига ютиб.

-Демократия куфр, диннинг душмани. Диндан қайтдими, жазосини бериш керак,-деди Пирмат қатъий қилиб.

-Динда бундай ҳукм йўқ. Қолаверса бугунги дунё билан ҳам ҳисоб-китоб қилиш керак. Бўлмаса ишлар олдинга юрмайди. Бугунга қадар бирор жойда ҳам саодат давлат қурилмади, нега? Буни ҳам ўйлаб кўришимиз керак,-дея суҳбатга қўшилди йигитлардан яна бири.

-Қурилганди, Хоррун Рашид замонида, бунча ҳам пассив бўлманг, бу ҳам демократларнинг таъсири,-деди Пирмат.

Мулла ҳам унга қўшилганини билдиргандек, бошини силкиб қўйди.

-Мен ўшандан кейин нега қурилмади, деяпманда, тақсир. Чунки доим ўйин қилишмоқчи бўлишди. Ўйин қилмаслик керак, ҳамма нарсани ўз аслида яратиш керак. Қуръони Карим қандай буюрган бўлса, шундай қилиш керак,-деди ҳалиги йигит фикрини бошқа томондан айлантириб келиб.

Пирмат у йигитни ҳовурдан тушишга чақирди.

-Агар мана шундай деб турсак ўзимиз ҳам, яна минглаб биродарларимиз ҳам мана бу зиндонлардан қутулмайдилар. Бизда ҳам программа минумим ва программа максимум бўлиши керак. Минумум шуки, Дажжолни бартараф этиб, истиқлолга йўл очиш керак, максимум эса саодат салтанатини қуриш.

Баҳс тинмасди. Қорабой ака кўнглининг бир четидан ҳақиқатдан ҳам синов бошланган экан, бу ерда кўп нарсани англадим, деган фикр ўта бошлади. Аммо оиласи ҳақида хабар ололмагани унга тинчлик бермасди.

Рустам, Отабек қаерда экан? Нима қилишаётган экан? Бу саволлар кўнглида пайдо бўлаётган умидни сўндириб юборарди.

У бир кун кўнглини Пирматга очиб қолди.

-Хавотир олманг, эртагаёқ хабар топаман, уларнинг қаердалигини билиб оламиз,-деди Пирмат.

-Тоғангизни шунча имкониятлари бор экан, нега сизни чиқариб олмаяптилар,-деди Қорабой ака.

-Мен ўзим кетишни истамаяпман. Кўнглимдаги одамларни топдим. Кетсам улар билан бирга кетаман. Менинг мақсадларим бор. Уларни фақат ана шундай чиниққан одамлар билан амалга ошириш мумкин,-деди Пирмат.

Бу гапни эшитиб ўтирганлар бош силкаб қўйишарди.

-Бун дунёда бандага эмас, яратганнинг ўзига тобе бўлсангиз бутун ҳақиқатни кўрасиз. адолат ўрнатишни ҳис этасиз, адолат душманларини танийсиз,-дея Пирмат гапирар экан, Қорабой ака ўйланиб қолди.

Балки бунинг тоғаси Каримовни йўқотиб биратўла ҳам ундан, ҳам Иноятовдан қутулмоқчи ва  ҳокимиятни қўлга олмоқчидир? Шунинг учун балки бу ердагиларни қўлланмоқчи бўлса-чи? Ахир ҳамма нарса издан чиқиб кетмоқда? Жуда кўп одам бу ерга қатнамоқда. Қуролларни ташлаб кетишмоқда. Ҳаммага биттадан уяли телефон бериб қўйишди.

Фақат Қорабой акага беришмади.

У ўзини четга тортаётгани учун улар ҳам уни четда сақлашмоқда. Балки бошқа йўл йўқдур? Бир неча кун олдин ўлимга рози эдим. Буларга қўшилсам, нима бўлади? Оилам билан алоқа ўрнатишим, Рустам ва Отабекдан дарак топишим мумкин. Булар Дажжолдан қутулмоқчи. Ҳамма унинг ёмонлигини билади. Ҳамма ҳам ундан қутулишни истаяпти. Лекин бу қалтис йўл. Аммо энди унинг учун фарқи қолдими? Суд йўқ, тергов йўқ. Мана, неча ойдирки биров сўрамайди. Қанча калтаклашди, қийнашди.

Агар Пирмат келиб қолмаганда ўлиб кетган бўларди. Балки бу Худонинг мўъжизасидир? Балки Худо унга қайта ҳаёт бериб Дажжолга қарши бош кўтаришга чақираётгандур? Нима бўлганда ҳам ютқизмайман, деб ўйлади Қорабой ака. Курашаман, Дажжолга қарши курашаман, деб қарор берди.

Бу қарорини билган Пирмат ва бошқалар уни қучоқлаб, қутладилар. Шу куни унга уяли телефон беришди. Дарҳол уйига телефон қилди. Жавоб келмади. Яна тушкунлика йўлиқди. Ниҳоят Пирмат қўшнисининг телефонини топиб берди. У умр йўлдоши оламдан ўтганини эшитиб, фарёд солиб юборди. Камерадошлари унга таскин беришди. Бирининг акаси ўлгани, бирининг отасини ўлдиришгани ҳақида гапиришди. Камерада Қуръон ўқиб, хатм қилиб, ўлганларни дуо этишди.

Қорабой ака энди Рустам ва Отабек ҳақида хабар топишни жуда ҳам истаб қолди. Пирмат яхши бола экан. Келган одамдан шу ҳақда сўрар ва хабар топиб келишни айтар эди.

-Мен,-деди Пирмат,- бу бўлаётган ишлар учун ҳеч кимни айбламайман. Ҳаммасига Дажжол айбдор. Бир кун тоғам чақириб қолди. “Бир иш бор” деди. У Дажжол билан боғлиқ мутлоқ махфий ишлари бўлсагина мени чақирар эди. Менга ўхшаб яна бир икки жуда ҳам ишонган йигити бор. Уларга мендан ҳам кўпроқ ишонади. Бизга бир одамни ўғирлашни буюрди. Уйи Тошкентнинг четида экан. Ўғирлаб келдик. Тоғам Дажжолнинг ёнига олиб борди. Олиб киришдан олдин уни ечинтирдик. Тоғам уни ичкарига яланғоч ҳолда олиб кирди. Кираётганда қаршилик кўрсатмади. Чунки қаршиликнинг жавоби нима бўлишини унга кўрсатиб қўйган эдик.

Бир соатда уни тоғам қайтиб олиб чиқди. У бизга қараб йиғлаб юборди. Олтмишга яқинлашиб қолган одам эди. Катта ишларда ишлаган. У шунақа увлаб йиғлади-ки, ичимдан бир нарса узилиб кетди. Тоғамга қарасам, у ҳам эзилиб кетган одамдек бошини елкасининг ичига тиқиб олган.

Дажжол ҳалиги одамни яланғоч ҳолда кўчанинг ўртасига ташлаб кетишни буюрган экан, шундай қилдик. Уни машинадан туширар эканмиз, у тоғамга қараб шунақа илтижо қилди-ки, тоғам ҳам йиғлаб юборай деди.

Кейин тоғамнинг ҳам Дажжолдан кўнгли қолди. Ҳалиги одам Дажжолнинг энг яқин дўсти бўлган экан. Дажжолнинг ўзи ини қийнабди, эркаклигини оёқ ости қилибди. Шу воқеадан кейин Дажжолни душманим, деб эълон қилганман. Худога шукур бу курашда ёлғиз эмас эканман, ҳозирга келиб катта бир армияга айландик. Энг асосийси Худо биз томонда! У кўрсатган йўл ҳақ йўлдир. Дажжолга ўлим! Оллоҳ ҳақдур! Оллоҳу Акбар!

Камерани бузиб юборай деди бу садо. Чунки қолганлар ҳам шунақа қичиршдики, деворларга урилган акс-садо қамоқнинг ташқарисига чиқиб кетгандек бўлди. Қорабой ака ҳам ана шу садо соҳибларидан бир эди…

Телевизор экранидан камера ичида юз берган ҳолатни томоша қилган Алимов:

-Пирматча деганингиз бу гапларни қаердан билади? У ҳамма сирларни очиб ташлабди-ку?- деди койиш оҳангида.

-Ҳаммаси эмас, уммондан қатра-ку! Агар бўлган нарсаларни айтмаса, уларни ишонира олмайди-да,-деди Ҳамидхон.-Бу бизнинг ўзимизга хос ва ўзимизга мос йўлимиз.

-Оқсоқол сизга бекордан ишонмаган эканлар,-деди Алимов ҳали ҳам кайфияти очилмаган ҳолда унинг қўлиниқисиб.-Воқеаларнинг давомини ҳам кечиктирмай айтиб туринг, ҳар кун сўраб турибдилар!

Ҳамидхон Алимов ҳузуридан чиқиб аеропортга йўл олар экан, Каримов билан учрашувни ёдга олди.

Алимов эса қаергадир телефон қилиб, Ҳамидхон ва Пирматни яхшилаб ўрганишлари, кузатишлари, қариндош уруғлари ҳақида маълумот тўплашларини буюрди.

ТЎҚҚИЗИНЧИ БОБ

Олимжон Нилуфар билан бўлган воқеаларни видеога ёзиб олган бўлсада, бошлиғига “Ҳали тайёр эмас” деб айтганидан ўзи қўрқиб кетди. Чунки видео ишлаб турганидан Хатича холанинг хабари бор ва ундан билиб қолсалар шунча қилган дуо-саломлари пучга кетиши мумкин. Шу боис дарҳол йўлга чиқишга қарор қилди. Агар билишган тақдирда ҳам телефонга ишонмадим дейди.

-Мен тезликда марказга бориб-келишим керак!-деди у Нилуфарга.

-Йўқ,- дея Нилуфар унинг бўйнига осилди.

Олимжон Нилуфарни қайтадан тўшакка йиқитди ва сўнг бир зум ташқарига чиққан бўлиб ведеоёзув тугмасини босиб қайтди. Бу сафаргиси ҳар эҳтимолга қарши деб ўйлади у.

-Алишер ишни катталаштириб юборибди, мени қидириш кучайтирилибди, марказда бир танишим бор ва унга иккаламизга паспорт тайёрлаб беришни илтимос қилдим,-деди Олимжон.-Тезда бу ерлардан кетмасак бўлмайди.

-Кўнглим хира, кетманг, мана шу ерда яшайверамиз, бизни топа олмайдилар, сиз марказга бориб келаман деяпсиз, ушлаб олсалар нима қиламан?-деди Нилуфар ғамгин оҳангда.

-Э, жоним, ҳаммасининг йўли бор, шпион киноларини кўрганмисиз? Худди ана ўшанақа қилиб соқол-мўйлов қўйиб оламиз, қани бўлинг, сочларингизни тузатинг, ўнг қулоғингизни кўринадиган қилиб қўйинг, расмга оламан, хорижга борадиган паспорт учун! Бўлинг, вақт мараз Алишернинг ҳисобига ишламоқда.

Алишернинг номини эшитганда илонни кўргандек сесканадиган бўлиб қолган Нилуфар, чойшабга ўралиб, Хатича хола тайёрлаб қўйган ҳаммомга кириб кетди. Олимжон видео ёзувларни текшириб кўрди-да сифатига кўнгли тўлгач, дипломатга жойлади. Кейин ҳаммомдан чиқиб, нозланиб турган Нилуфарга׃

-Агар мен тез қайтмасам, мана бу телефонга қўнғироқ қилиб, Орифни сўрайсиз, у менинг укам бўлади,-деди,-аммо у ҳозир чет элда ва бир ҳафта, ўн кунда қайтади.

-Вой бўй, шунчага кетаяпсизми?

-Йўқ жоним, бу ҳар эҳтимолга…

Нилуфар яна ўз дардига ўзи қоврулиб, ёлғизлик қўйнида қолди.

Олимжон Узун шаҳрига келиб, учқич билан Тошкентга жўнади. Учқичдан ҳали одамлар туша бошламасдан икки киши келиб Олимжонни олиб кетишди.

Улардан бири׃

-Мен давлат маслаҳатчиси Алимовнинг қўлида ишлайман,-дея бир ҳужжат кўрсатди.

-Нима сизлар мени кузатувга олганмисизлар? Бу учқичда келишимни қандай билдингизлар?

-Биз биламиз, мана бу дипломатда Нилуфар билан қилган ишларингиз ҳам борлигини биламиз,-дея яна ҳужжатини Олимжоннинг бурнини ёнига олиб келди у.

-Нега бу ҳужжатга Каримов эмас, Ҳайдаров имзо чеккан?-деди Олимжон ўзини қўққисдан бу хонага олиб келганларидан норози бўлиб.-Мен Каримовнинг топшириғи билан махсус амалиётда қатнашмоқдаман ва сизларнинг мени ушлашга ҳақларинг йўқ!

-Укахон ҳар бир нарсага Каримов-Каримов деявериш керак эмас. Камтар бўлинг. Ҳамма амалиётлар Каримовнинг топшириғи билан бўлади. Ўзича мустақил амалиёт ўтказадиган одам ҳали туғилган эмас,-деди улардан бири ва׃ -Сизга Каримовнинг имзоси керакми, мана дея ўзининг ҳужжатини кўрсатди. Унда “Каримовнинг қўрима баталони бошлиғининг ўринбосари Ғуломов” деб ёзилган эди ва ҳужжатни Каримовнинг ўзи имзолаганди. Ғуломов бунга ҳам кифоя қилмай қўл телефонидан Иноятовга қўнғироқ қилди ва телефонни Олимжонга узатди.

-Айтганларини бажаринг!-деди Иноятов.

Олимжон ўзини қўпол тутганидан ноқулайлик сезиб, кечирим сўраган бўлди ва битта кассета шу қадар катта аҳамиятга эга бўлиб қолдими ёки бу ишларнинг орқасида мен билмаган бошқа нарслар борми деб ўйланиб қолди. Ахир мендан кассетани олиб, жавоб бериб юборсалар бўларди-ку? Нега энди Алматовнинг ёнига мен ўзим ҳам боришим керак? Миршаблар бизнинг номимизни эшитишса оёқлари қалтираб қолар эди. Ҳамма нарсага биз ҳукмдор эдик. Нега энди бирданига бу ишларга Алматов аралашиб қолди. Балки олдиндан бу иш унга топширилганмикан? Ахир мана бу одам илгари бизда раис ўринбосари бўлган. Кейин Каримов уни ёнига ишга олди. У нега бирданига Алматовнинг хизматчисига айланиб қолди?

Хаёлга ботган Олимжонни бир зумда Алматовнинг ҳузурига олиб келишди ва ҳалиги одамлар бир пиёладан чой ичиб, чиқиб кетишди. Олимжон ва Алматов вазирнинг хизмат машинасида Бўстонлиқ томондаги дала ҳовлига боришди. Алматов Олимжон олиб келган видеоёзувларни охирига қадар томоша қила олмади.

-Аммо, жа зўрини топибсанлар, бундай пайтда аввал менга қараб қўймайсанми? Сан болаларга айтавериб чарчадим. Ҳа-я, сен менга оид эмас, нариги идоранинг боласисан-а?!

У Олимжонга шундай деб ёрдамчиси Нодирхонни чақирди. Нодирхон чиройли, қадди қомати келишган, унвони капитан бўлса ҳам вазирликда ҳеч ким унинг гапини икки қила олмайдиган мавқеда эди. Ҳамма уни Ҳасан аканинг ўғли деб биларди. Ҳасан ака ҳам уни ўғлим деб билар ва Алматовга ёрдамчи қилиб қўйган эди. Нодирхон гарчи Ҳасан акани яхши кўрсада, унинг гапини икки қилмасада, барибир у ўзининг отаси эканлигига ишонмасди. Чунки Ҳасан ака паканадан келган, Нодирхон эса қоматдор, Ҳасан ака кулча юзлик, Нодирхон бўлса узун юз… Бунинг устига Ҳасан ака бирор марта ҳам унга сен менинг ўғлим бўласан деб очиқ айтмаган.

Тошкентда илк “Мерседес” машинасини Нодирхон минган. Ҳасан ака совға қилган. Ҳеч кимда қурол бўлмаганда ҳам Нодирхон таппончаларни очиқ олиб юрган. Чунки Ҳасан ака ҳар йили туғилган кунида унга битта янги таппонча совға қиларди.

Ҳасан ака асли наманганлик. У Тошкентда ҳуқуқ факултетини битиргач, у ёқ бу ёқларда ишлаб юрди. Кейин ҳукуматга ишга ўтди ва Наманганга бориб суд раиси бўлди. Ўша пайтларда СССР бўйича довруғи ёйилган Одилов уни ўзига юрист қилиб олди. Бир кун келиб, Одилов қамалиб кетганда Ҳасан ака Москвада эди ва собиқ шўролардаги мафиянинг қозикалонига айланди.

СССР қулаб кетгач, у Тошкентга қайтди. Мафиянинг ҳамма казо казолари унга тобе эдилар. У Каримов билан ҳам алоқада эди. Каримовнинг тахтда қолишида Ҳасан аканинг хизмати катта бўлди. У нафақат мухолифатчиларни “урдириб” бошини ёриб, бадарға эттирди, балки диндорларнинг уйига граната ташлатиб, бирини-бирига солди. Сал бош кўтарган одамни тинчитиб берди. Эвазига у Каримовни ҳам “ишлатди”. Биринчи катта иш – Алматовни Каримовга юзма-юз қилди ва уни вазир этиб тайинлатди. Икинчи катта иш -Тошкент вилоятига ўзининг оғайниси Сайфуллони ҳоким қилиб қўйдирди. Кейин жуда кўп одамларни ИИВ ва МХХга жойлаштирди. Хуллас, у Каримов билан “бор товоғим-кел товоғим” қоидасида ишларди. Аввалига у Каримовнинг энг яқин дўсти Мирсаидов билан ҳам яхши алоқада эди, аммо кейин Каримовнинг гапи билан уни ёмон куйларга солди.

Халқ наздида бошқалар мафиянинг “ота”лари бўлиб кўринсаларда асл бошқарувчи Ҳасан ака эди. Унинг исми ҳам, фамилияси ҳам, лақаби ҳам Ҳасан ака. Ҳатто Каримов ҳам уни Ҳасан ака дер эди.

У мустақилликдан кейин Адлия вазирлигининг Жамоат ташкилотларини рўйхатга олиш бошқармасида иккинчи одам бўлиб ишларди. Аммо вазирларни сенсираб гапирар ва истаган пайтида Алматовга ёки бошқа вазирга истаган ишини буюра оларди. Ана шу одам ўғлим деб яхши кўрадиган йигит Алматовнинг ёрдамчиси.

Аслида Ҳасан ака Алматовни Нодирхон орқали назорат қилиб турар ва унинг ҳар бир ҳаракатини кузатар эди. Алматов Ҳасан аканинг қаҳрига учрамаслик учун Нодирхонни доим ёнида олиб юрар ва ҳеч нарсани яширмаётгандек тутарди ўзини. Шу боис ишқий алоқаларини ҳам Нодирхонга ишонганди.

Мана энди Олимжон олиб келган кассетани охиригача кўра олмаган Алматов Нодирхонга׃

-Янгисидан борми?-деди.

Каримовга қурилган махсус ҳарам учун вилоятлардан ёш қизлар олиб келинади. Бу иш билан вилоят ҳокимларининг хотин-қизлар масалалари бўйича ўринбосарлари шуғулланадилар. Улар турли кўрик-конкурсларда чиройли қизларни топиб, олийгоҳга киритиш баҳонасида ҳарамга юборадилар. Ҳарамда Каримовнинг жаҳлини чиқарган қизлар Алматов ихтиёрига ўтарди. Алматов бу ишни Нодирхонга юклаган ва ана шу қизлардан баъзиларини ўзи ҳам “кўриб” турарди.

Ҳукуматнинг аксар дала ҳовлиларига ишга олинадиган қизлар ҳарамдан келган бўларди. Алматов уларни қайта тарбиядан ўтказиб, ишга жойларди. Каримовнинг дилини топганлари учун эса ИИВ таркибида махсус хотин-қизлар баталони тузилиб, ана шу содиқ қизлар доимий иш билан таъминланарди. Уларнинг баъзилари милитсия мактабига, баъзилари ҳуқуқ факултетига ҳам жойлаб қўйиларди. Нодирхон шундайлардан айримларини ўзига ва Алматовга ажратиб оларди.

Нодирхондан “тайёр” ишорасини олгач, Алматов Олимжонга:

-Кутиб тур, қолганини кейин гаплашамиз,-деб ичкари хонага кириб кетди.

Нодирхон Олимжонинг ёнига келиб׃

-Нилуфарни сотасанми?-деди.

-Уни четга юбормоқчимиз,-деди Олимжон ички бир рашк билан. Аммо Нодирхоннинг кимлигини билгани учун дарҳол хатосини тузатди,-Ака, сотиш нима дегани у сизники,-деди.

-Бўлмаса эртага шу ерга олиб келасан,-деди Нодирхон.

-У жуда узоқда, Сурхондарёда, афғон чегарасида, уни ўша томонга юбормоқчи эдик…

-Нима сан мени унинг қаердалигини билмайди деб ўйлаяпсанми? Сан телефонда кимга нима деб кейин Узунга қачон келганингни айтиб берайми? Ёки Самарқанддаги нўхатхўрликдан бир шингил эшитасанми? Қара бола, бу амалиётни мен бошқараяпман ва СНБ ҳам, сен ҳам менга тобесан ҳозир!

-Нодирхон ака, фақат йўл узоқ, эртага етказиб кела олармиканман, яна бир кун вақт берасизми демоқчийдим. Бунинг устига у ҳали яхши қантарилмаган…

-Сан ўзинг ҳам қантарилмаган кўринасан, давлат топшириғи нима эканлигини биласанми, эртага шу ерда бўлсин, тамом- вассалом! Ўзинг олиб келасан ва мана шу жойда ўтириб томоша қиласан, мен уни қандай қилиб қантаришимни, билдингми? Чет элга борармишу мен бехабар қолармишман?

-Билдим, эртага шу ерда бўлади, ака!

-Ака эмас, ўртоқ началник! Нима санларда бу нарсаларни ўргатишмайдими?

-Ўргатишади ўртоқ началник!

-Ҳа, ана шундай бўлсин! Бор йўлга чиқ!

-Вазир кутиб тур, дегандилар!

-Сен одам бўлмайсан, шекилли…

Шу пайт Нодирхоннинг телефони жиринглади. Телефон қилган Каримовнинг ёрдамчиси экан. У Каримов вазирни қидираётганини айтди.

-Вазир Каттадан қолганини кўраяпти,-деди Нодирхон унга. Ёрдамчи ундай-бундай деган эди Нодирхон׃

-Тушунтира олмасанг мени боғла, ўзим тушунтириб қўяман, вазир Каттанинг орқасини тозалаяпти. Кеча Каттанинг тўшагида ётган қиз ўзини осмоқчи бўлган экан, вазир шуни оброботка қиляпти. Нима, қолган гапларни ҳам сенга айтишим керакми?

Нодирхон шундай дея телефонни бекитди. Олимжон ўрнидан тура сола эгилганча орқаси билан юриб, чиқиб кетди.

Алматов келиб Олимжони сўраган эди, Нодирхон׃

-Эртага келади,-деди.

-Юрагинг жа каттада сени,-деди Алматов.- Мен азм қилмаган ишларга ҳам сен азм қиласан. Нилуфар сенга ҳам ёқиб қолди, шекилли. Мени ҳам рўйхатга тиркаб қўй! Бўпти бу ҳазил. Энди битта иш бор. Иноятов билан гаплаш, мана бу кассетани ишга солиб, одамларини пиширсин, вақт оз қолмоқда!

-Иноятов эшитди,-деди Нодирхон бармоғи билан атрофга ишора қилиб.- Эй, Иноятов, эшитганингни биламан, одамингни юбор, кассетани олиб кетсин, мени овора қилма!

-Ҳасан акамдан кўп нарса ўргангансан, ҳатто Иноятов акани ҳам сенсираб гапирасан-а?-деди Алматов Нодирхонни койиган бўлиб.

-Каттанинг топшириғи, у мендан бошқа ҳаммасини сенсираб гапирасан деганди, аммо сизни сизлаб турибман-ку,-деди Нодирхон эркаланиб.

У ҳақиқатдан ҳам жуда эрка ва Каримов ҳам унинг эркалигига бир нарса демас ва отасига қиладиган илтимосларини у орқали етказарди. Ҳасан аканинг бошқа мамлакатларда ҳам алоқаси яхши бўлгани учун Каримов ундан кўп нарса сўрар эди.

-Кеча Иноятовнинг иккита боласини ушлаб олдим,-деди Нодирхон Алматовга,- Каттанинг ҳарамдаги ишларини видеога олишибди. Иноятовга хабар юбордим. Шу кассетага автограф қўйиб берса, ишни ёпаман, бўлмаса Каттанинг столига қўяман. Иноятовдан ана шу имзоланган кассета келиб қолиши керак. Ўша курерлардан бу кассетани бериб юборамиз.

-Сен бизни Иноятов эшитаяпти дединг. Ҳали ўтган кун бу ерни текшириб, “қулоқ”ларни олиб ташлашганди-ку?

-Кеча Иноятов Каттадан изн олиб яна “қулоқ”ларни жойлаб қўйибди. Лекин у Каттага нима деганини билмайман, Каттанинг махсус хизмати ҳам ҳамма ёқни эшитаяпти. Аммо Ғуломовга айтиб қўйдим. Мендан хабарсиз бир иш қилишса, ўзим каллаларини сапчадек учираман,-деди Нодирхон.-Агар Иноятов ҳам қимирлайдиган бўлса, қўлимда бир икки нарса бор, унинг ўғли ва укаси билан боғлиқ, кейин ҳаммасини ўзимизнинг колонияга кўчириб оламан. Менимча у тушунадиган одам ва ҳамкорлик қиламиз.

Дарҳақиқат шу пайт Иноятовнинг одамлари “посилка” олиб келишганини айтишди.

-Бир томоша қиламизми?-деди Алматов Нодирхонга.

-Бу сизга ҳадя,-деди Нодирхон устига Иноятов имзо чеккан кассетани Алматовга узатар экан,-менда нусхаси бор ва кеча томоша қилгандим. Аммо эҳтиёт қилинг, керак бўлади.

-Йўқолиб қолса, Ҳасан акадан топамиз,-деди Алматов жилмайиб.

-Бошқа жойда ҳам бор, аммо бу имзолангани, бир кун бошингизни қутқариши мумкин.

-Бир кун бошимни ейиши ҳам мумкин-да!

-Унга йўл қўймаймиз,-деди Нодирхон эркалик билан…

Олимжон ташқарига чиқиши билан ИИВнинг хизмат машинларидан бири уни аэропортга олиб келиб қўйди. У нима қилишини билмай қолди. Хаёл суриб турганди унга суйкалиб ўтган бир киши?

-“31”, “дум”ларингни йўқотиб, бир соатда “6” га бор,-деди.

Олимжоннинг махфий номи “31” эди ва “6” Иноятов билан фавқулодда ҳолатларда яккама-якка учрашиладиган жой. Демак, масала жуда жиддийлашмоқда ёки қандайдир ўйинларга тушиб қолмоқдаман деб ўйлади Олимжон.

У касса ёнида туриб, чипта олгандек бўлди-да, кейин ташқарига чиқиб, худди ҳеч нарсани билмагандек тролейбусга миниладиган бекатга ўтди. У ердан бекатдаги номерларга бир-бир қараган бўлиб, аслида атрофни кузатди ва ИИВнинг еттинчи бошқармасига оид машиналардан уни кузатишаётганини сезди.

Бу машиналарни у дарров таниб олди. Чунки бир муддат ўзи шу машиналарни кузатган эди. Одатда бу бошқармага ишга олинганлар унчалик пишиқ бўлмайди ва махсус тайёргарликдан ўтишмагани учун дарҳол ўзларини сездириб қўядилар. Баъзилари эса муҳим одамни кузатаётганда атайлабдан қўлга ҳам тушадилар. Чунки бу уларнинг очиқ тизимга ўтиб ишлашлари учун имкон беради. Қўлга тушгандан кейин уларни бу бошқармада ишлатишмайди. Айни пайтда ишдан ҳам қувишмайди. Сирлар очилиб кетишидан қўрқишади. Шу боис очиқда бирорта иш беришади.

Олимжонни кузатаётганлар ҳам ўзларини жуда сездириб қўяётган эдилар. Лекин Олимжоннинг улар билан иши йўқ, йўлини кутди. Аммо депутат келмасдан Олий Мажлисдан бир машина келди. У шофернинг ёнига бориб ўзини таништирди ва:

-Ратсиянгиздан идорангизга машина бузилганини айтинг. Ҳозир фавқулодда муҳим давлат иши чиқиб қолди. Қолаверса, мен ўзим сизни хурсанд қиламан ва бундан кейин бирор юмушингиз чиқса, ҳал қилиб бераман,- деди.

Шофер дарҳол унинг айтганини бажарди ва у Олий Мажлиснинг машинасида орқа йўлдан чиқиб кетди. Манзил Ачавот маҳалласининг ёнида, Чинни заводининг орқасидаги бир ҳовли эди. У Сағбон кўчасида тушиб қолди-да, йўлаклар орқали Хастимомга ўтди. Орқада ҳеч ким йўқлигига ишонч ҳосил қилгач, манзилга борди. Иноятов ҳали келмаган экан. Кўп ўтмай у ўзи бошқарган енгли машинада келди. Кийиниб олишидан уни бир қарашда таниш мумкин эмас эди. У Олимжонни ҳовлига бошлади ва׃

-Ука, бу ҳаёт-мамот масаласидан ҳам кучли масала,-деди.- Бу идорамизнинг номи, шарафи масаласи. Бу мамлакатимизнинг келажаги масаласи. Оилаларимиз ва болаларимизнинг келажаги бу! Бу иш бизга юкланган. Аммо ана у Алматовни ўзинг биласан, мафиядан чиққан ва мафияга ишлайди. Ёнидаги тирранча эса отасининг соясини олтинга пуллайди. У қаердандир билиб қолибди. Мана энди улар ҳам ошга қатиқ бўлишди. Бунинг устига бизнинг обрў-эътиборимизга зиён етказишмоқчи. Бу идорани биласан, халқимиз фақат бизга ишонади, олдиндан ҳам шундай бўлган ва ҳозир ҳам шундай. Керак бўлса, очиғини айтиш керак, халқ фақат биздан қўрқади, ана уларни эса порахўрлар дейди. Илгари бизда бўлиб, тепага чиқиб олган бир иккитаси ҳам уларга ишлашмоқда. Ҳаммаёқни сотқинлар босиб кетди.

Олимжон илгари ишлаб кетганлар деганда Ғуломов назарда тутилаяпти деб ўйлади. Аммо олдин бу одам ҳақида кўп яхши гаплар эшитганди. Кейин ёмон гаплар тарқалди.

-Энди бундай,-дея сўзида давом этди Иноятов,-мана бу паспортлар, фақат расмларни қўйиб оласан ва бугуннинг ўзи Нилуфарни олиб, Афғонга ўтасизлар. Ўзимизникилар билан учрашиб, ишни тезлат. Катта “Иш суст кетмоқда” деб айтди ва балки шунинг учун ҳам орага Нодирхон деган тирранчалар киришига розилик берган. Энди биринчи этапни сенсиз ҳам амалга оширамиз. Иш пишиб қолди. Сенга ҳам Ватан олдидаги хизматларинг учун раҳмат. Аммо сен иккинчисини тайёрла. Иккинчи амалиёт тўлалигича сенинг бўйнингда. Планни Афғонда оласан. Агар кам-кўстсиз уддалай олсанг, ўринбосарлик сеники! Кутаман сени ука! Сен келгунга қадар Алматовни ҳам, унинг Нодирхонларини ҳам қуритиб қўяман!

Иноятов шундай деб Олимжонни бағрига босди. Семиз одам эмасми бу ерга келгунга қадар терлаб кетган экан. Тер ҳидига тоқат қила олмайдиган Олимжонга негадир бу таъсир қилмади. У мени биринчи амалиётдан четлатишди деб ўйлаётганди. Иккинчи амалиёт нима? Борми ўзи, бўладими? Балки шу билан мени сургун қилмоқдами? Балки энди Ватанга қайтиш ҳам насиб этмас? Балки… у ўз фикридан сесканиб кетди. Чунки балки ўлдириб юборишар деган фикр ўтганди хаёлидан. Лекин бунга боришмас, Худо урдими деб ўйлади.

Унинг хаёлга ботганини кўрган Иноятов׃

-Аеропортда ана уларни ҳужжат кўрсатишга мажбурлаб зўр иш қилдинг, ма, биттасини архивинга ташлаб қўй, ҳали уларга кўрсатамиз буни,-деди.

Олимжон суратни олар экан кўнгли равшан тортди.

-Лекин уларга берилган кассетага қўл қўймасангиз яхшироқ эдими?-деди у Иноятовнинг самимий ёки самимий эмаслигини билиш учун.

-Парво қилма, у идорадаги муҳр-имзо. Ажабмас бизнинг идорага улар одам суқишган бўлишса? Керак бўлганда текшириб, топиб оламиз. Энди менинг самимиятимга ишондингми?

Иноятов фикрини уқиб олганидан Олимжон қизариб кетди ва бугуноқ Бойсунга етиб бориши, эртагаёқ Афғонистонда бўлишини айтди.

-Кўп ҳам шошма, Фарёбда бир икки ҳафта дам олиб, соқолингни яхшилаб ўстириб ол ва ана у қизни ҳам, аммо ўзи ҳам жа топибсанлар-а, яхшилаб намозга ўргат. Қара, у ерларда ҳар қанақа масҳаблар, одатлар бор, ҳаммасини унга ўргатиб қўй. Шундай қилки, айтилган кун, айтилган соатда хизматга шай турсин! Қолганларни ҳам текшириб чиқ!

Иноятов тез-тез соатига қараб қўяётган эди. Олимжон у шошаётган бўлса керак деб ўйлади ва хайрлашиб ташқарига чиқди. У дарвозадан чиқиб кетар экан, бир машина келиб тўхтади ва бошига шапка қўндирган бир киши “лип” этиб ичкарига кириб кетди. Олимжон ҳайратда қолди. У Ғуломовни кўргандек бўлди. Наҳотки у ? Чарчаганман, балки адашдим, деб ўйлади. Аммо ички бир ҳис “адашмадинг” деяётгандек эди…

Кассетани олиб, кўпайтирган МХХчилар Қорабой ака билан Рустам ва Отабекни идоранинг марказий биносига олиб келишди.

Дастлаб кассетани Рустамга кўрсатишди. Рустамнинг юраги қонга тўлди.

-Биласизми бу йигит ким?-деди уни тергов қилган Йўлбарсбек.

-…

-Бу жуда ҳам муҳим одам ва биз унга қарши ҳеч нарса қила олмаймиз. Тўғриси қўлимиздан ҳеч нарса келмайди…

Рустамни Туркманистонда қўлга тушган Бахтиёр исмли йигит билан бир камерага қўйишган эди. Бахтиёр анча вақтдан бери Каримовни йўқотиш учун ҳаракат бораётгани ва ҳукумат ичида ҳам буни истаганлар кўплигини айтди унга. Бахтиёр ҳар куни уч-тўрт соатга қаергадир бориб келар ва турли маълумотлар билан қайтар эди. Бахтиёр Олимжон деган йигит Каттанинг ўгай ўғли деб айтди ва Рустамни ишонтирди.

Бир куни׃

-Агар истасангиз бизга қўшилинг, “Каримов ҳукуматини ағдараяпмиз”,-деди у Рустамга.

Рустам учун ҳаётнинг қизиғи қолмаган эди. Лекин Каримов ҳукуматини ағдарамиз деган гап унга жон ато қилгандек бўлди. У бирданига бутун азобларининг малҳамини топгандек ҳис қилди ўзини. Гўё қидириб юргани – айбдорни топди ва қасос ҳиссида ёна бошлади. У шу дамда арслонга айланган ва ҳар нарсага қодир эди. У азоб чекаётган фақат ўзи эмаслиги, бутун халқ азобда эканлигини ҳис қилиб, қасос олишга бел боғлади ва Бахтиёрдан ўзини ҳам ўша гуруҳга қўшиб олишларини сўради. Бахтиёр кимлар биландир гаплашиб кўришини айтди ва кейин Рустамга бу ҳақда билдирганда у камерада “Аллоҳу Акбар!” дея бақириб юборди.

Бу садони эшитиб турган Иноятов хорижда яшайдиган Олмослига׃

-Бу ёғи энди сизга боғлиқ, ош сузилганда уни ейдиганлар аниқ бўлиши керак- деди.

Олмосли жилмайганча қўлини кўксига қўйиб чиқиб кетди.

ЎНИНЧИ БОБ

Янги йил байрамидан бир кун олдин Миртемирга Америкада узоқ йиллардан бери яшаётган Рўзи телефон қилди. Миртемир мухолифатнинг кўзга кўринган лидерларидан бири эди. У Америкага ҳали яқинда келгани учун Рўзини унча яхши билмасди. Аммо ҳамма Рўзи ҳақида гапирарди. Ҳеч ким унинг номини айтмас, ҳамма уни Рўзи дер эди.

Кимдир уни ҳар қандай ишни уддасидан чиқа олади, деса, яна кимдир у Гитлернинг содиқ одами бўлган, кейин америкаликларга сотилган дерди. У ҳар қандай одамга ҳар қандай тўҳматни қилишдан қайтмайди, жуда кўп одамни қон қақшатган дейишарди. Миртемир узоқ йиллардан бери мухолифатда. Туркияда эканлигида Ўзбекистон газеталаридан бирида Рўзи ҳақида танқидий мақола чиқди. Шунда радиодан телефон қилиб, Миртемирдан мазкур мақолага фикр сўрашди. У бундай мақолалар қандай тайёрланиши ҳақида гапириб берди. Кўп ўтмай Рўзидан миннатдорчилик мактуби олди. Орқасидан эса Рўзининг Каримовга қарши иш қилмагани ҳақида ёзган очиқ хатини ўқиди.

Шу боис у Рўзидан узоқ туришга ҳаракат қилди. Аммо Америкага келган куниёқ остонасида Рўзи пайдо бўлди. Олис бир мамлакатда эшикдан кириб келган ватандошга ким ҳам қучоқ очмайди. Рўзининг билмаган нарсаси йўқ экан. Тўғрироғи ўзини ҳамма нарсани билгандек қилиб кўрсатар экан. Сталиндан гап очилса, у билан қайси йили қаерда ва қайси соатда учрашганини айтса, Нерудан гап бошланса, унга қандай маслаҳат берганини ҳикоя қиларди. Дунёдаги ҳамма лидерлар билан учрашган, ҳамма воқеаларнинг ичида бўлган ва ҳатто бошқариб турган қилиб кўрсатарди ўзини.

Оддий одам унинг соатма-соат, дақиқама-дақиқа қилиб айтиб берган гапларига шубҳа қила олмас эди. Унинг хотирасига қойил қолмасдан илож йўқ. Худди компютер каби ҳамма хабарлар ва номларни ўз хотирасида сақлар ва жойида қўллана оларди. Аммо Миртемир унинг “мағзи”ни тезда чақди. Бир куни унга мамлакатдан бир дўстидан олган хабарни айтди. Бу хабарни фақат у ва дўсти биларди, холос. Орадан уч кун ўтиб, Рўзи унга телефон қилиб, “Ҳозиргина бир муҳим хабар” олдим дея ўша Миртемирдан эшитган гапни унинг ўзига айтиб берди.

Миртемир дўстига хат ёзиб бу хабарни кимгадир айтиб-айтмаганини сўради. Хабар ҳали тарқалмаганига ишонч ҳозил қилгач,

-Рўзиданми?-деди.

-Э, сизга ҳам айтдиларми?-деди ҳалиги одам.

Шундан кейин у Рўзини кузатса, мана шу йўл билан ўзини аҳамиятли шахс деб танитар ва ҳамманинг диққат марказида бўлар экан. Пенсияда бўлгани учун вақти кўп. Турли газеталарни ўқийди. Радиоларни эшитади ва ўзи тўплаган маълумотлар асосида ўзи ҳам турли хабарларни тўқийди.. Америкада яшаётган ватандошлар ишхона ва уйнинг йўлидан бошқа нарсани билмаганлари учун унинг оғзига қараб ўтирар эканлар.

У тинмай бошқаларни ёмонлар ҳам экан. “Фалончига мен бошпана олиб бердим, аблаҳ, салом бермай кетди”, “Писмадончини ишга жойлаб қўйдим, ифлос хабар ҳам олмай қўйди” каби гапларни янги келган ватандошларга бот-бот айтаркан. Улар Американи яхши билмаганлари учун унга ғирт ишониб, бир неча ой унинг атрофидан айрилмай қолишаркан. Чунки Ватанда биров орага кирмаса, ишга ўтиб бўлмаслигини улар яхши биладилар ва “тажриба”дан келиб чиқиб, бундай “аҳамиятли” одамнинг этагини маҳкам тутишга интиладилар. Америкада эса жиддий бир ишга, айниқса, ҳукумат ишига ўтаётганда, биров орага тушса, остонадан қайтиб кетасиз. Бу ерда тил билишингиз, имтиҳондан ўтишингиз керак. Бўлмаса “рўзи”лар тугул молларнинг ҳам фойдаси тегмайди.

Рўзи тинмай Боймирза отани ёмонлар эди. Бу Миртемирга ёқмади. Чунки Миртемир Боймирза ота билан устоз-шогирд тутинган, уни улуғ инсон деб ҳисоблар ва унинг саксон ёшлик тўйини ўзи бош бўлиб ўтказганди.

Миртемир Рўзини қанча совуқ қарши олса, у шунча тез-тез келадиган бўлди. Охири бир кун у “Миртемирни ҳам мен ишга жойлаб қўйдим” деган гапини эшитиб қолди ва Рўзига “Шунақа гаплар айтишга уялмайсизми?” деди. Шу билан оралари совуқлашди.

Аммо янги йилга бир кун қолганда Рўзи Миртемирга телефон қилди ва:

-Туркиядан Олмосли келган, жуда муҳим хабар бор, мен Раҳим ва укаси Абдуваҳобни ҳам чақирдим, бир келиб кетинг,-деди.

Миртемир Олмослини яхши танирди. У ҳукумат ишларида ишлаган ва кейин тижоратга ўтган, жуда бадавлат одам. Туркияда ва кейин Авропада яшаган мухолифатчларни бир неча йил пул билан таъминлаб, ката-катта маблағларни сочиб юрган. Миртемирга ёмонлиги ҳам, яхшилиги ҳам тегмаган. Миртемир унинг оиласини яхши биларди. Онаси ва синглиси билан гаплашган, улар Ватан ҳасратида ёнган ажойиб инсонлар эканлигини кўрган эди.

Олмосли Ватанга ишбилармон сифатида борган ва тезда юқори табақаларга йўл топа олди. Ўзи Каримовнинг маслаҳатчиси ва укаси Каримовнинг хорижий банклардаги ишончли вакилига айланди. Бирдан уларнинг оралари бузилгани ҳақида гап-сўзлар тарқалди ва Олмосли хорижга чиқиб яшаётган мухолифат лидерининг ёнидан айрилмай қолди. Уни бугун умрага олиб борса, бир ойдан кейин Америкага бошлаб борарди. Бугун Туркия президенти билан учраштирса, бир ойдан кейин Авропа бўйлаб саёҳатга олиб чиқарди.

У Туркия раҳбарларининг эркатойи эди. У ҳақда жуда кўп мақолалар ёзилган ва унинг жуда сирли одам эканлиги айтиларди. Унинг ўзи ҳам мақолалар ёзар ва дунёнинг ўта долзарб муаммолари ҳақида кескин фикрлар билдирарди. Унинг мақолалари Миртемирга ёқар, учрашганларида кўпинча ана шу масалалар атрофида гаплашишар ва Олмосли чуқур мушоҳада юритгувчи яхши суҳбатдош эди. Шу боис Миртемир у билан учрашувни рад этмади.

Миртемир келганда Рўзининг уйида Олмосли билан туркиялик бир хоним ҳам бор эди. Уни журналист деб таништиришди. Аммо журналистга эмас, спортчига ўхшаб кетарди. Миртемир ундан шубҳа қилди ва унинг олдида гапирмасликка уринди.

Гап Каримов ҳақида эди. Раҳим Каримовни, унинг сиёсатини ёмонлар экан, укаси аксини гапирарди. Охири Раҳим чидай олмади ва ўрнидан туриб, укасини муштлай кетди. Рўзи ва бошқалар бир четга ўтиб, томоша қила бошладилар. Миртемир уларни аранг ажратиб қўйди. Шундан кейин Рўзи ошни дамлар экан, Олмосли Миртемирни бир четга олиб׃

-Феврал ойининг ўртасида Ватанга қайтамиз, ҳаммамиз бир учқичда қайтамиз,-деди.

-Тинчликми?-дея қизиқди Миртемир.

-Каримов битди. Холисни унинг ўрнига қўямиз, сизлар ҳам унга қўшилиб, уни қўллашларингиз керак!

-Биринчидан, Каримовни кетгани ёки кетишига ишонмайман,-деди Миртемир.- Ишонган тақдиримда ҳам Холисга ишонмайман. Каримов билан унинг фарқи йўқ.

-Шу гапни ўзига ҳам айтган экансиз, унга шу гапингиз жуда қаттиқ ботган, нега фарқи йўқ?-дея эътироз билдирди Олмосли.-Бугун Каримовдан қутулиш учун лозим бўлса, ҳатто шайтон билан ҳам бирлашиш керак.

-Шайтонга қарши шайтон билан бирлашиш шайтонликни қабул қилишдир,-деди Миртемир киноя билан,- Унинг исми Холис аммо ўзи холис эмас. Каримовнинг энг катта хатоси, танқидни кўтара олмаслиги ва танқид учун одамларни қувғинга олишидир. Худди шу нарса Холисда ҳам бор. Танқид қилган одамни иғвогар деб эълон қилади, унга тўҳматлар уюштиради, устидан бўҳтонномалар ёздиради ва ҳоказо. Бунинг учун сиз берган пулларни сарфлайди, табиийки. Ҳатто уни танқид қилган одамни ўлдиртиб юбориш учун ҳам ҳаракат қилади. Бундан хабарингиз бор.

Каримовнинг иккинчи хатоси, ўз атрофига ахмоқ бўлса ҳам, ўғри муттаҳам бўлса ҳам фақат ўзини мақтаган, содиқ бўлиб кўринган одамларни тўплайди. Охирида уларнинг садоқатини ҳам оёқ ости қилади. Айни нарса Холисда ҳам бор. Уни мақтасангиз буни садоқат деб билади. Атрофига фақат ана шундайларни йиққан. Каримовга ўхшаб у ҳам маҳаллийчи. Ёнидаги тозилари ё укаси, ё жияни ёки ҳамюрти. Қолган битта иккитаси эса адашганлар.

Каримовнинг учинчи хатоси, ўзидан бошқа ҳаммани “ҳеч ким” деб билади. Айни нарса Холисда ҳам бор. Хуллас, Каримовда қандай иллат бўлса, ҳаммаси Холисда ҳам бор. Ҳар иккаласи ҳам ўз тинчлиги, ўз манфаати учун минглаб одамларни йўқотиб юборишга тайёр шахслар. Буни узоқда туриб билмайсиз, аммо яқинида бўлсангиз, дарҳол англайсиз. Бугунгача ким Холисга яқин келган бўлса, ҳаммаси ташлаб кетди. Нега? Чунки у ҳам ашаддий диктатор. Агар Каримовни ўрнига келиб қолса, ҳаммани қон қустиради. Каримовга ўхшаб бугун динчи, эртага атеист, индинга миллатчи…

Бу гаплар Олмослига унча ёқмади. Лекин Миртемирга қарши гапиришни истамади ва:

-Иқтисодни ҳам билмайди. Бугунга қадар икки миллион долллар пулнинг бошига етди. Энг зўр жойларда яшатдим, қўлини исиқ сувдан совуқ сувга урдирмадим, дунёни кездирдим, уй жой қилиб бердим, хуллас, бор-бутимни сарфладим, энди уни мансабга қўйишим ва у мендан қарзларини узиши керак,-деди.

Гапни индаллосини айтганда, Олмосли ҳақиқатдан ҳам кўп пул сарфлади, Фақат Холиснинг ўзига эмас. Балки Каримовни ағдариш мақсадида Туркияга олиб келинган ёшларнинг ҳам ҳамма харажатларини у тўлади. Мухолифатнинг рўзномаси учун ҳам у пул берди.

-Ҳа, газета чиқариш учун сиз пул берганингиз ва газетани жўнатишни синглингиз бўйнига олганидан хабарим бор. Синглингиз жуда ҳам ватанпарвар. Эркаклар кўтара олмаган газета тўпларини ўзи орқалаб, учқичга олиб чиққанини кўрганман. Лекин Холис фақат сизга эмас, жуда кўп одамга ваъда берган. Мамлакатни деярли бўлиб берган. Мана шундай ваъдалари эвазига қарз олиб, умргузаронлик қилмоқда. Бундай одамни мамлакат бошига яқин йўлатиш миллатга хоинлик қилиш эмасми?

Миртемирнинг бундай кескин гапидан кейин бир зум айтган гапидан уялгандек бўлдими ёки юрагида бошқа гап борми, Олмослининг кўзида ёш айланиб кетди ва у ҳам Миртемирга пешвозан суҳбатни айни маромда давом эттирди.

-Шу ерда ўтирбману аммо барибир у яна бир хато қилиб қўймасин дея кўнглим нотинч. Билмасдан бир нарса деб юборса, ҳамма режалар издан чиқиб кетади. Бу планимизни ҳам ана у диндорлар билан ўртоқлашиб қўйибди…

-Қанақа план? Қанақа диндорлар?

Миртемир бирдан ҳушёр тортди. Олмосли билан бирга келган аёл тағин махсус хизматлардан бўлмасин? Тағин бу яна бир ўйин бўлиб чиқмасин?

У ростдан ҳам бир план борми-йўқлигини ва бундан Холисни хабари бўлиб-бўлмаганини аниқлаш учун Олмослига׃

-Биз билан гаплашаяпсиз, лекин бунга Холис қандай қарайди? Унинг бошқалар билан ҳамкорлик қилишига асло ишонмайман. Қўйинг, бу мавзуни умуман ёпайлик ва ошни еб тарқфлайлик,-деди.

-Ошдан кейин Нью Йоркка борамиз, Акбархон ака билан ҳам гаплашамиз,-деди Олмосли.

-Мен боролмайман, эртага Янги йил ва оилам билан бирга бўлишни истайман.

-Оилангизни олиб юринг, тайёргарлик яхши ва ҳаммага етадиган жой ҳам бор. Агар керак бўлса, у кишининг уйига яқин меҳмонхонадан жой ҳам олдириб қўйганмиз.

-Лекин мен барибир Холисни сизнинг режангиз бўйича юришига ишонмайман,- деди Миртемир гарчи режа нималигини билмаса ҳам.

Шунда Олмосли Рўзининг телефонини олдида Олмонияга телефон қилди׃

-Бу ерда бутун мухолифат бирлашди ва Тошкентга боришга тайёр,-деди.

Олмосли Холиснинг овозини эшитиладиган қилиб қўйган эди.

-Мен Каримовни битирдим, мамлакатни қўлга киритдим, ёнингиздагиларнинг менга кераги йўқ. Улар фақат индамай ўтирсалар, бас. Қолган гапни келганингизда гаплашамиз!-деди Холис.

Холиснинг бу гапи Олмослини шошириб қўйди ва ранги оқариб кетди. Аммо ноқулай вазиятлардан чиқишга уста одам:

-Бу ахмоқ билан бир иш қилиш қийин. Наригиси ҳам ахмоқ. Шу ташаббусни сиз қўлингизга олишингиз керак,-деди Миртемирга.

-Генерал бўлишни орзу қилмаган аскар аскар эмас дейишади. Демак, мен ҳам аскар эмасман. Мен биринчидан, ҳеч қачон кимгадир тобе бўлишни истамайман. Жуда ҳам эркин одамман. Иккинчидан, кимнидир ўзимга тобе қилишни истамайман, чунки ҳамманинг ҳам эркин бўлишини истайман,-деб жавоб қилди Миртемир.

-Бу аҳволда мукаммал одамни топа олмаймиз ва яна Холис масаласига қайтамиз,-деди Олмосли бир зумда адашиб қолган отни йўлга солган чавандоздек мамнун қиёфда.

-Ҳа, сиз бир нарсани энг мукаммал дея кўрсатинг мен сизнинг хатоингизни кўрсатаман. Сиз бир одамни хатосиз деб айтинг, мен сизнинг хатоингизни айтаман. Сиз менинг хатоимни айтинг, мен сизнинг кимлигингизни айтаман. Дунё мана шунақа. Лекин мен одамни яратган Тангрининг ўзи унинг жонини олиши керак деган қатъий ишончдаман. Каримов мен бу дунёда кечира олмайдиган якка шахс. Лекин унинг ҳам ўлимини истамайман. У ҳам яшасин ва қилмишлари учун мана шу дунёда жавоб топсин.

-Бизга қўшилмайсизми?-дея сўради Олмосли.

-Йўқ, бундай ҳаракатларнинг охири ёмон бўлади, Холис илгари ҳам шунақа хом-хатала ишларга бош қўшиб, кўп одамни хонавайрон қилганди, агар яна бир нарса ўйлаётган бўлса, уни тўхтатиш керак. Чунки бу йўл билан биз фақат диктатура мустаҳкам бўлишига ёрдам қилаяпмиз. Бу кетишда охири Ватанда бир киши ҳам кўчага чиқа олмайдиган бўлиб қолади ёки диктаторга ҳамма одамни қириб ташлаши учун шароит қилиб берган бўламиз. Бунинг устига унутманг, қилич билан келган, қилич билан кетади,-деди Миртемир.

-Э, йўқ, нималар деяпсиз, бир гап бўлса мана мен билган бўлардим. Фақат ҳаммамиз биргалашиб Ватанга қайтиб борайлик, битта учқичда борайлик, халқ бизни кутиб олади ва бу ҳаракат инқилобга айланиб кетиши мумкин, деган план бор эди, қўшилмасангиз биз сизни мажбур қила олмаймиз,-дея Олмосли ичкарига, бошқалар ўтирган хонага қараб юрди.

Ичкарида Олмосли гапни узоқдан бошлаб, яна биргаликда Ватанга қайтиш керак деган гапни айтганди, Миртемир сўҳбатга қўшилмади…

Шу билан улар хайрлашдилар.

Америкада бу суҳбат битиб янги йил кириб келар экан, Ватанда ҳам янги йил байрами бошланиб кетган эди.

1998 йилнинг охири, 1999 йилнинг йил боши.

Алматов байрам табрикларини қабул қилар экан, қўлидаги қадаҳни кўтаришга қўрқиб турганди. Чунки ҳали Каримов сўраб қолиши ёки чақириши мумкин-да. Бугун у қабулхонага телефон қилиб, Каримовни табриклаш ниятини айтганди, котиб бир зум ўтмасдан қайта қўнғироқ қилиб׃

-Ўзлари сизни чақирар эканлар,-деди.

Шундан кейин юрагига ғул-ғула тушди. Нима гап экан? Нега қабул қиладилар? Ҳар доим байрам арафасида хаёлларига келмаган ҳадя олиб боришимни билар эдилар-ку? Ёки бирортаси бирор нарса деб қўйдими?

Алматов ҳатто хаёлида ҳам Каримовни сенлашга қўрқарди. Унга шунчалик жон олдириб қўйган-ки,  хаёлимдан ўтганини ҳам билиб қолиши мумкин деб ўйлар эди.

Мана бир неча соатки саволлар Алматовга тинчлик бермасди. Дунё қизиқ экан. Кўпчилик уни жуда қудратли, мамлакатни бошқариб турган одам дейди. Баъзилар ҳатто Каримовнинг жилови ҳам унинг қўлида деган хаёлга боради. У эса янги йил байрами кириб келаётганига қарамай қўлидаги қадаҳни кўтара олмайди. Еган овқати ҳам томоғидан ўтмайди. Бир оддий қул ҳам байрамда эркин бўлади, аммо у эркин эмас. Қанчадан-қанча одамлар келиб, унга ҳадя бериб, ширин-ширин гаплар айтиб кетдилар. На бир ҳадя кўзига кўринди ва на бир ширин гап қулоғига кирди. Хаёлида ҳам, дилида ҳам, қулоғида ҳам фақат “Нима гап экан?” деган савол худди булдозердек гуриллаб айлангани айланган.

У ҳар сонияда девордаги соатга қарайди. Бир дақиқа у ёқда турсин, бир сония ҳам жуда узоқ вақт. Туриб-туриб, кейин соатга қараса, энди ярим дақиқа ўтган бўлади. Соатнинг “тиқ-тиқ” этгани эса худди бошида биров ёнғоқ чаққанидек бутун вужудини қоплаб олганди. Ана шу зайл вақт имиллай-имиллай янги йил киришига 25 дақиқа қолганда котиб телефон қилди ва 20 дақиқадан кейин бориши кераклигини айтди. У апал-тапал йўлга чиқди.

Алматов ўтирадиган бинодан Девонга ер ости йўли бор эди. Бу туннелдан битта енгли машина юра олади. Аммо туннел Каримов яшайдиган 3 қаватли уйнинг тагига борганда бекилади. Чунки нариги томонини фақат Каримовнинг ўзи кабинет ва уй ораси йўлаги сифатида қўлланади. Шу боис фавқулодда ҳолатларда Алматов ўша нуқтага қадар борар ва у ердан ташқариага чиқиб, девон ҳовлиси орқали ичкарига ўтарди. У туннелдагина қўлланиладиган машинани қолдириб, юқорига чиқди ва Каримовнинг қабулхонасига қараб югурар экан, хурсанд эди. Чунки кўнглидан Каримов янги йилни мен билан кутиб олар экан, деган фикр ўтди. У Девон ёнига келганда, тўсатдан бир дарахтнинг ортидан Каримов чиқиб қолди. У анқайиб қолди. Бошқа биров кўзига Каримов бўлиб кўриндими ёки бу ростдан ҳам Каримовнинг ўзими? Қўрималари қани? Бу соатда бу ерда нима қилади?

-Анқайма, шундан вафодор эканингни ва айтганимдан олдин келишингни билардим. Юр, бироз Девон ҳовлисида айланиб гаплашамиз,-деди Каримов унга. Шундагина Алматов ўзига келди ва қаршисида ҳақиқатдан ҳам Каримов турганига ишонди.

-Янги йилингиз билан табрикламоқчи эдим,-деб Алматов Каримовни қучоқламоқчи бўлди. Каримов гавдасини бошқа томонга бурди.

-Қанақа янги йил?-деди,- қани, ана у амалиётни қандай ўтказамиз, ана ўша кун биз учун янги йил бўлади ва ўшанда биргаликда ичамиз. Ўша кун формангни кийиб келасан. Амалиёт яхши ўтса, янги йилни қутлаймиз, елкангга яна битта юлдуз тақиб қўяман. Бўлмаса, формани ечасан!

Алматовнинг ҳадяси ҳам қўлида қолди.

-Қўлингдагини мана бу дарахтнинг остига қўй,-деди Каримов.

-Бу жуда қимматбаҳоо…

-Агар амалиётни пишитмасанг бу нарсалар бир тийинга қиммат бўлиб қолади, амалиёт яхши ўтса, демак сени энг катта ҳадянг ўша бўлади. Унутма, илгари пошшолар бир ўқ билан икки ҳайвонни урганлар. Биз бештасини бирдан ураяпмиз. Бу осон бўлмайди. Диндорлар масаласида бугунгача бизга ишонмаган дунёни ишонтиришимиз керак. Сайловнинг масаллиғини тайёрлаб қўйишимиз лозим. Бу сенга ҳам кейинги сайловгача қолиш гарантиясини беради. Мухолифатни бутунлай битиришимиз шарт. Халқни кўзини қўрқитиб туриш лозим. Ниҳоят, кучимиз борлигини, ҳар қандай шароитда иқтидорни қўлда тута олишимизни бошқалар ҳам билиб қўйсин. Биласан, дунёнинг қулоғи бор ва ҳамма гапни эшитишади. Шунинг учун ташқарида гаплашайлик дегандим. Ҳамма байрам билан овора. Осмондан туриб ёзиб оладиганларнинг ҳам хаёлига булар шу пайтда ишни гаплашади, деган гап келмайди. Яхшилаб эшитиб ол. Амалиётда ким қатнашаса ҳам вақтини билмаслиги керак. МХХдан икки киши билади ва уларга 15 феврал деб айтдим. Аммо амалиётни бир кун кейинга мўлжалла. Мен ҳукумат мажлисини ҳам 15 га айтганман ва бир кун қолганда 16 га кўчирамиз. Демак, 45 кун қолди ва бу ҳақда бошқа гаплашмаймиз. Камида 5 жойда шампанский очасан. Ҳукуматдагиларга яхшироқ қилиб қуй. Кейин банкдагиларга ҳам бир шиша бер. Ўзингни одамларинг ҳам қуруқ қолмасин. МХХ яқинида ҳам биттасини оч! Импортнийсидан бўлсин. Кимнинг маҳсулоти бўлишини ҳам ўйлаб қўй. Шишалаар бирин-кетин очилсин! Ҳозироқ бориб ҳамма нарсани текшириб чиқ…

-Ижрочиларнинг баъзилари МХХ да…

-Шуни ҳам менга айтасанми? Нодирхонга айт, ҳаммасини битта бочкага солади!

Шу пайт олисдан соатнинг бонг ургани эшитилди, одамларнинг қийқириқлари келди ва қаердандир осмонга мушаклар отилди.

-Янги йилингиз билан табриклайман,-деди Каримов,- буниси эмас, кейингиси билан! Дарвоқе, ана у Олмосли ишни битира олмаган кўринади, ҳаммасини ўрай олмабди. Хунаса! Аслида  ҳамманг бўш ишладинглар. Булар дунёга тарқалиб кетишди ва кучланишди. Мана энди ҳаммасини бира тўла шу ишга боғлашимиз керакки, уларга сичқоннинг ини минг танга бўлсин! Кўп ҳам ўзингни тортма, Нодир ҳам қовун туширмасин, Ҳамидхонни назорат қил, туллакка ўхшайди. Бу иш битмаса, у ҳам битади!

-Аллақачон битирганмиз. Ҳамма нарсани олиб келиб қўйганман. Эртага десангиз эртага ҳам ҳозирман. Қамоқдагилар ҳам пишган. Ўз ихтиёрлари билан қиладилар бу ишни. Пирматча бало! Фидойи қилиб қўйди ҳаммасини! Ўзи бошлайди, беш жойни айтганингиздек кулини гуллатишади, Ҳатто баланд овозда “Аллоҳу Акбар!” дейдиган қорисни ҳам танлаб қўйибман. Фақат ўзимизниклардан бир-икки кишига зарар етиб қолмасин! деган хавотирдаман.

-Хавотирга ўрин йўқ. Тинчлик учун ҳар доим 200-300 кишидан воз кечилади. Биласан, бу гапни очиқ айтганман. Яна айтишим мумкин. Ана у қорни катталардан ҳам беш олтитаси кетса, гўрга!

-200-300 кўпмасмикан?

-Йўқ! Қанча бўлса ҳам фойда берса, бас! Ҳеч ким билмаслиги керак. Сир қилич, қинидан чиқса, каллани кесади!

Каримов шундай деб ортга қайтди ва дарахт остидаги ҳадяни олиб, бино ичига кириб кетди. Шундагина Алматов эшик ёнида бир йигит кутиб турганини ва Каримов ҳадяни унинг қўлига тутқазганини кўрди. Фавқулодда ҳолатлар учун қилинган бу эшикдан девоннинг ҳожатхонасига кириш мумкин. Демак, қолган қўриқчилар ичкарида кутишмоқда ва янги йил оқшоми Каримовнинг қорни оғриб қолди, деб ўйлашса керак.

“Ҳа, отам, пишиқсиз!” деб қўйди хаёлан Алматов.

У ўзини қушдай ҳис қилди. Демак, Каримов фақат унга ишонади. Ҳатто МХХга ҳам аниқ кунни айтмабди. Агар ҳадяни олмаганда кўнгли хира тортаради, лекин ҳадяни ҳам олди. Фақат нега уни дарахтнинг остига ташлатди ва кейин қайтишда олди? Балки ичида ёзиб оладиган бир нарса бормикан деб ўйладими? Наҳотки?! Бирдан кўнглидаги равшанлик ўрнини зулмат қоплади. “У туллак, ҳатто ўзига ҳам ишонмайди” деб ўйлади ва ана шундай деб ўйлаганидан қўрқиб кетиб, атрофга қаради. Шу пайт бадани жунжикди. Шундагина бу ерга қадар юпун келганини англади. Дарвоқе, Каримов ҳам жуда юпун кийимда эди. Балки ҳаво совуқ эмасдур? У қўлини-қўлига ишқамоқчи бўлганди, бармоқлари қотиб қолганини ва ҳаво жуда совуқ эканлигини ҳис этди, яна югурганча ишхонаси томонга кетди.

ЎН БИРИНЧИ БОБ

Бирдан Каримовнинг кўзи тиниб, боши айланиб кетди. Кейинги кунларда у ўзини ҳолсиз сезар ва дўхтири берган кучлантирувчи дориларидан ҳам наф сезмаётган эди. Аввалига ичкиликдан деб ўйлади ва бир икки кун ичмай қўйди. Аммо мажолсизлик тинмади. Кейин нашанинг таъсири деб ўйлади. Уни ҳам камайтириб кўрди. Бўлмади. Балки кўп ишлаяпман, дея бир неча кун ишга чиқмай, дала ҳовлида қолди.

Бирдан ёдига Сталиннинг дўхтирлардан шубаҳа қилгани тушди. Балки бу гапда жон бордир? Агар бир гап бўлмаса, нега бу қадар ҳолсизман? Нега дўхтирларим сабабини топа олмаяптилар? Ёки билсалар ҳам мендан яширмоқдаларми?

Мана энди яна боши айланиб, кўзи тиниб кетди. Хайриятки, бу ҳол халқнинг кўз олдида юз бермади. Аммо мана булар сезиб қолишди. Ҳатто Алматов билан Иноятов икки томондан келиб қўлтиғимга киришди. Балки буларнинг дўхтирлар билан тили бир бўлса-чи?

Каримов ҳолсизланиб ётар экан, Алматовни чақиртирди.

-Ҳов бола, сандан бошқага ишонмайман, буни биласан! Дўхтирлар билан гаплаш, улар мендан ниманидир яширмоқдалар. Агар ростдан ҳам шундай бўлса, оналарини кўрсат!

Алматов Каримовнинг оқариб қолган юзига қараб “хўп” ишорасини қилди-да ташқарига чиқар экан, Каримов ўзининг асл ёрдамчисига:

-Бор, ўзинг ёнида тур,-деди.

Улар дўхтирларни тўпладилар. Каримовнинг касаллик варақаларини келтиришди.

-Икки марта ҳемаройдан амалиёт қилдик,-деди Гайран,- ўзим қилдим ва мана икки йилдирки ҳеч қандай муаммо йўқ. Ўтган йил ўзим эндоскопия ва колоноскопия қилгандим. Ичак йўлларини тозалагандим. Яқинда яна бир марта такрорламоқчи эдим, аммо очлик қилиш жараёнига дош бера олмадилар. Теннис ўйнаб турганларида аҳволлари анча яхши эди, лекин теннисни ташлаб юбордилар, гапимизга қулоқ солмадилар…,-деди Гайран.

-Қон анализлари қандай?-дея сўради Алматов. Дўхтирлар қоғозларга қарар эканлар Ҳайдаров жавоб қилди

-Холестерин миқдори баланд чиқмоқда. Аммо Англиядан янги дори олиб келтирдик ва унинг фойдаси бўлмоқда…

-Лекин бу дори холестеренни камайтиргани билан жигарга зарари бор,-деди Гайран.

-Жигарларини текширдингларми?-деб сўради Алматов.

-Текширдик. Серроз белгилари кўринмоқда. Аммо унчалик хавфли эмас…

-Сиз биласизми, бу одам бутун бир мамлакатнинг боши, бутун халқнинг умиди шу одамда, бугунимиз ҳам, келажагимиз ҳам шу одам билан боғлиқ, сиз бўлсангиз қандайдир шубҳалар ҳақида гапириб ўтирибсиз,-деди Алматов ўта жиддийлик билан.

-Бошқа мамлакатларда ҳар қандай шубҳа беморга очиқ айтилади ва у билан бир қарорга келинади. Бизда эса шубҳани тилга келтиришга қўрқамиз,-деди Гайран.

-Сиз ҳам мухолифатчи экансиз-ку?-дея кесатди Алматов.

Алматов ҳеч кимга бақирмас, ҳеч кимни сўкмас, фақат мулойим гапириб, ўзини яхши кўрсатадиган одам эди. У нима иш қилса ҳам, орқадан қиларди. Бировнинг юзига қараб “Акажоним” дея қучоқлаб, у кетиши билан “Бу аблаҳни йўқотларинг!” дерди. Юзма-юз гаплашганда жуда жаҳли чиқса, юмшоқ кесатиқ қиларди. Гайран буни яхши биларди. Чунки отаси узоқ йиллардан бери Алматовнинг қўлида ишлайди ва улар яқин дўст. Шунинг учун ҳам унга очиқ гапирмоқчи бўлганди, аммо у ҳам эшитишни истамади. Лекин нима қилсин? Каримовниг ўзига айтишга қўрқади. Булар эса эшитишни исташмайди. Индамаса вазият ёмонлашиб бормоқда.

У қолган дўхтирларни ташқарига чиқарди-да, Алматовга қараб:

-Майли, мени мухолифатчи деб ҳисобланганлар, лекин очиқ гапни айтаман, “Катта”нинг бошида тумори бор!-деди.

Томдан тараша тушгандек айтилган бу гапдан Ҳайдаров ҳам, Алматов ҳам эсанкираб қолдилар. Бир муддатдан кейин

-Каллангиз жойидами? Буни аниқ билиб айтаяпсизми ёки мухолифатчилик учун айтиб юбордингизми?-дейишди.

-Тахминларимга таяниб айтдим. Чунки “Катта”га бошни рентген қилишни айтгандим, жеркиб бердилар. Бошқа ҳамма жойни текширдим, симптомлар эса рак касалининг белгиларидир. Менимча, бошнинг орқа қисмида ўсимта бор ва ҳаракатсиз ҳолда. Вулқондек ухлаб ётибди. Жуда кичик. “Катта” ҳар нарсага асабийлашгани учун бу вулқон ҳаракатга келиши ҳеч гап эмас. Метазтаза бошланса, ҳеч нарса фойда қилмайди.

Алматов индамай хонадан чиқди-да, Нодирхонга телефон қилди׃

-“Катта”нинг топшириқлари бу, одам юбор, Гайранни қама!

-Отасиничи?-дея сўради Нодирхон.

-Уруғ аймоғи билан қурит ва Арманистонга қочиб кетди,-дея гап қилишсин…

-Бўлди, фақат шошмай турайлик, гап бор, ҳозир бораман, ўша ерда гаплашамиз…

Ҳайдаров келиши билан Алматов гапни калта қилди ва ранг қути оқариб кетган Ҳайдаровга׃

-Нима қиламиз?-деди.

-Биринчи иш, гап тарқалиб кетмаслиги чорасини қилиш керак. Иккинчиси, битта яхши онколог дўхтирни чақириб текшириш ўтказиш керак. Ўзлари ҳозирча билмасинлар. Бу гап ҳали тўғри бўлиб чиқадими, нотўғрими, билмайман, аммо бу гап ҳар қандай одамни йиқитади…

-Мен Гайранни йигирма йилдан бери биламан. Будан кучли дўхтир йўқ. У тахмин қилдим деса, ҳақиқатни айтган бўлади. Менинг Олмонияда бир дўстим бор. Исми Умар. Асли эронлик. Ўзи кучли дўхтир бўлмаса ҳам қўлида жуда кучли дўхтирлари бор. Катта касалхонанинг раҳбари. Яқинда жияним даволаниб қайтди. Дунёнинг жуда кўп раҳбарлари ўша жойда даволанади. Туркманбошининг юрагини ҳам улар амалиёт қилишди. Мана отдай юрибди.

-Аммо бу юрак эмас, бу бош. Бу жуда ёмон касаллик ва гап тарқаласа тамом, ишимиз битади, ўзлари билиб қолсалар ҳам боши берк кўчага кирамиз. Манимча, ўша дўстингизни бир гуруҳ дўхтирлари билан чақирайлик.

-Уларнинг махсус самолетлари бор. Госпитал самолет дейишади. У асли Нодирхон билан дўст. Унга айтсак, дарров гаплашади.

Кўп ўтмай Нодирхоннинг ўзи кириб келди.

-Гайранга ҳозирча тегмайлик,-деди у Алматовга.-Унинг шубҳаларидан хабарим бор. Кеча гаплашганмиз ва у четдан дўхтир чақиришни сўраганди.

-Умарни чақирсанг бўлмайдими?-деди Алматов.

-Умар осмондан келаяпти. Ҳаммасини сариғи билан олмоқчи. Миқдори ҳам катта…

-Ўлсин, қанча олса олаверсин, аммо тез келсин,-деди Ҳайдаров.

-У Америкадан ва Япониядан рак касали мутахассисларини чақириб, олиб келади.

-Қачон? Рак дедингми?

-“Катта”нинг бошида ўсимта бўлиши мумкин. Гайран буни бировга айтишга қўрқиб юрибди,-деди Нодирхон.

-Бизга айтди..-деди Ҳайдаров.- Укажон, ўша Умар билан гаплаш ва ишни тезлат!

-Самолетни қаерга қўндирамиз?-деди Нодирхон.

-Тузелга,-деб жавоб қилди Ҳайдаров.-Катта дам олишга кетишдан олдин текширувдан ўтмоқда деб Тузелдаги ҳукумат касалхонасига қўямиз, ўша ерда текширадилар.

-Улар самолетнинг ичида текширадилар. Гап “Катта”ни кўндиришда,-деди Нодирхон.

-Буни менга қўйиб беринглар,-деди Ҳайдаров.-Менга фақат қаерга, қачон олиб боришни айтсангизлар бўлди.

-Сиз сариқларни айтиб қўйинг, Кучерскийнинг ўзи олиб келсин, тайёр турсин, самолет қўниши билан сариқларни олиб чиқиш керак, Умар насияга ишламайди, у дўхтирларга ҳам олдиндан ҳақ тўлайди, мана акамнинг жиянларини ҳам даволатдик, у олдиндан ҳақ олди, аммо ўликни ҳам тирилтириб беради!-дея фавқулодда муҳим одам каби буйруқ оҳангида гапирди Нодирхон.

Гайраннинг тахмини тўғри бўлиб чиқди. Каримовнинг бош қисмида кичик бир ўсимта бор экан. Дунёнинг мана ман деган дўхтирларидан тузилган консилиум амалиёт қилиш керак деган қарорга келди. Амалиётга тайёрлаш жараёнида ҳам бу ҳақда Каримовга айтишмади. Ҳайдаров бу масалада гаплашиш учун пайт пойлаб юрганди. Каримов эса гоҳо бардам, гоҳи мажолсиз эди. Мажолсиз пайтида у ҳеч нарсага қизиқмас, ҳатто ишни ҳам топшириб юборишга тайёр эди.

Шундай мажолсиз кунларининг бирида аввал Мирзиёевни чақирди׃

-Ҳеч кимни бу дунёга боғлаб қўйган эмас, мана сени тарбияладим, иш ўргатдим, энди масулиятни бўйнинга оладиган пайт келмоқда. Бошқарувни ўзгартирамиз. Мен Туркиядагига ўхшаб оқсоқол президент бўлиб қоламан ва сен Бош вазир сифатида бошқарувни қўлга оласан. Буни ўзи бўлмайди. Биринчидан, сиёсий кучинг бўлиши керак. Янги тузилган партияни қўлингга ол. Иккинчидан, жуда кўп қонунларни ўзгартириш керак. Ҳаммасини кўриб чиқ. Қонунларни ўзгартириш ҳақида бир фармон лойиҳасини тайёрла. Мен маслаҳатчиларни ишга соламан ва ҳамма қонунларни қайта қабулқ қиламиз. Конститутсияга ҳам ўзгартириш қиламиз. Шоҳизинданинг бир томони меники! Иккини томони сеники! Бирга ётамиз!

Мирзиёев одати бўйича ўрнидан туриб, Каримовнинг ёнига борди ва уни қучоқлаб, юзидан ўпди. Каримов тик турганда у бу ишни қилоламс, чунки бўйи етмас эди. Шу боис Каримов ўтиргандагина у “лип” этиб унинг ёнига ўтиб, қучоқлар эди.

-Фақат битта масалада ўзингиз йўл очмасангиз мен ҳеч нарса қила олмайман,-деди Мирзиёев.

Каримов унинг юзига қараб туриб, заҳарханда жилмайди-да, бармоқлари билан санагандек қилиб׃

-Иноятов…. Алматов… Азимов… Ғуломов… Алимов…. Жўрабеков… яна ким?-деди.

-Комилоб, Тўлаганов, Султонов… Сафоев… Ариповни эсаа

-Алимов билан Жўрабековни ўлган деб билавер. Рашидга айтдим, ана уларнинг устидан иш очиб қўяди. Қолганлари эса сенга ҳавола!

Мирзиёев чиқиб кетиши билан Каримов “Балки бу бола ўзидан кетиб қолса-чи? Унда унинг ўзини ҳам қолганларга қўшиб юбораман. Агар издан чиқмаса, кўрамиз” деб ўйлади.

У дастлаб Алматовни чақирди׃

-Ука кўраяпсан. Сендан бошқага ишонмайман. Биламан, Мирзиёев билан гаплашганимни эшитгансан. Қулоғинг саккизта. Лекин ҳаракатингни қил. Умидим сенда. Ўзингга битта партия тузиш ҳақида ҳам ўйла. Ҳа, дўхтирлар билан ишни эса тезлат. Биламан, нималардир қилаяпсан, ҳеч нарсани аяма, аммо ўзингни ўйлаб, кўзи очлик қилма, менинг соғлиғимни баҳона қилиб, хазинамга кўз тикма, рақибинг кузатиб юрганини унутма!-деди унга.

Кейин бир-бир чақириб, ҳаракатларини кўришни қолганларга ҳам айтди.

Иноятов бир ўқ билан бир неча кишини ўрмоқчи бўлди. Каримов ҳам ахмоқ эмас. Алматов эса, қамоқдагиларни ҳам қўшган ҳолда беш-олти жойни портлатиш режасини муҳокама қилди,

Воқеалар Каримовга зарар эмас, фойда келтириши учун унга ҳам индамади.

Алматов билан Иноятов мухолифатнинг орасига бир қанча одамларини суққанлари учун уларни сиёсий куч сифатида қўлланишга уринишарди. Каримов эса булар менга қарши бўлган одамлардан фойдаланиб, халқни ўзларига эргаштиришни режалаяти, деб гинасининг усига гина тўплаб қўярди.

Каримов ҳеч қачон дарҳол қасос олмасди. У қасосни кўнглига тугиб қўйиб, пайтини кутар ва вақтини топиб, битта уришда ишни битирарди. У бокс ўйинини яхши кўрарди. Доим кучли боксчиларни кузатарди. Улар сакраб тураверадилар, рақиблари эса ураверадилар. Ғалабага ишонч уларни аввалига кучлантирса, кейин ҳолсизланадилар. Кучли боксчи шундай пайтни кутиб, бир уришда уни нокаут қиларди. Каримов ҳам шунга амал қилишга уринарди.

Каримовнинг ўғлим, дея эркатлатганига ишонган Азимов эса, ишбилармонлардан одам танлаб бир ташкилот тузди. Унга “Иттифоқ” деб ном беришди. Унинг ташкилотига Алматов ҳам кўз тикди. Чунки бу ташкилотга мухолфат ҳам қўшилганди. Аммо мухолифатдагилар бу ташкилотнинг орқасида кимлар турганини сезиб қолишлари билан уни тарк этишди.

Азимов усталик билан бу ташкилотни Каримовга эмас Мирзиёевга қарши қўймоқчи бўлди. Агар Алматов ҳам бу ташкилотга кўз тикмаганда, Иноятов индамас ва Мирзиёев билан Азимовни уриштирар эди. Лекин у Алматовга йўл бера олмасди. Шу сабаб яна бир неча кишини “Иттифоқ”қа боғлашни режалади. Ўзига тобе бўлган, аммо кўзга кўринган бир неча кишини иккига бўлиб ҳам Азимовга, ҳам Тўлагановга юборди. Азимов усталик қилди. Ҳали президент бўлиш нияти йўқлигини айтди. Тўлаганов эса иш битган, сув келди, деб этигини ечди ва рози бўлди.

Каримов кундан кунга дунёни сув босса ҳам тўпиғига чиқмас ҳолга тушаётганди. Ҳолсизланиб бораётгани учун бу ҳақда ўйламай ҳам қўйди. Айниқса, Ҳайдаров унинг бошини махсус рентгендан ўтказиш зарурлигини айтгандан кейин сиёсатдан совуди ва ҳаммаси бир-бирини еб ўлиб кетмайдими, деб қўл силтади.

Олмониядан келган дўхтирнинг каттаси таҳлил натижаларини кўрар экан, Каримовнинг ўзи билан очиқ гаплашиш ва ундан «Агар ўлиб қолсам масъулият ўзимда” деган ёзувни имзолатиб олиш кераклигини айтди. Таржимон бу гапни Ҳайдаровга айтганди у таржимонга тикилиб қолди.

-Ака оғзимдан гап чиқмаслигини биласиз-ку,-деди таржимон Ҳайдаровнинг елкаси оша Алматовга ҳам кўз қирини ташлар экан.

-Ука, биламиз оғзингга маҳкамсан,-деди Алматов,-сенга ўхшаган йигитлар биринчи галда оиласини ўйлайди, бир – биридан ширин ики боланг бор экан. Айниқса, Наргизахон жуда ширин. Олимжонга эса гап йўқ. Ота-онанг ҳам сенга қараб қолишган. Отанг буйрак амалиёти навбатида турган экан. Мана, биз бу масалани ҳал қилиб берамиз. Ахир давлат аҳамиятига молик иш қиладиган ва сир сақлашга қодир одамга биринчи галда хизмат қилинмаса, кимга қилинади?

Дўхтирлар булар нимани гаплашиб қолдилар, дея ҳайрон эдилар. Буни ҳис қилган Ҳайдаров

-Ҳаммаси майлику-я, шу қўл қўйиш деган масалани ўртадан чиқариш керак,-деди.- Нима дедингиз?

У шундай деб Алматовга қаради.

-У киши ҳамма нарсага қўл қўядилар, аммо бунга эмас. Умуман ким ҳам бунга қўл қўяди? Масалан, Худо ўзи сақласину лекин мен бўлганимда ҳам қўл қўймаган бўлардим. Ёки мана сиз ҳам қўл қўймасдингиз…

Унинг гапини Ҳайдаров бош қимирлатиб тасдиқлади. Каримов шундай вазият яратгандики, унинг атрофидагилар фақат бир-бирларининг гапларига бош ирғаб қўярдилар, бирор қарши гап айтиш-тутаб турган гулханни ёндириб юбориш бўларди. Шу лаҳзада Ҳайдаровнинг ҳам, Алматовнинг ҳам кўнглидан бу гапни эшитса, Каримов амалиёт тугул, махсус рентгенга ҳам изн бермайди деган қатъий фикр кечаётган эди.

Аммо дўхтирлар ҳам бошқа йўли йўлиги ва улар ўзларини суғуртага олишлари зарурлигини айтиб, оёқ тирадилар. Шунда Алматов “Туркистон” меҳмонхонасида турган Умар билан гаплашиш кераклигини айтди. Умар рус тилини яхши биларди. Унинг ота-онаси Эронда машҳур дўхтирлар бўлишган. Отаси шоҳ Ризо Паҳлавийни икки марта амалиёт қилган. Диндорлар шоҳни ағдариб ташлашганда улар Авропага қочишган ва Умар Москвада таҳсил олган. У ёшлигидаёқ Москвадаги ер ости кучлари билан яқинлашган, кейинчалик Олмонияда кичик бир касалахонани сотиб олиб, унинг ўрнида дунёдаги кўриниши энг ҳашаматли бўлган йирик клиникани қурди. Мана-ман деган дўхтирларни ишга олди. Мураккаб хасталиклар бўйича тадқиқотлар бошлатди. Қисқа вақтда дунёнинг кўзга кўринган одамлари унинг касалхонасида даволанадиган бўлишди. Айниқса, ўзининг соясидан ҳам қўрқадиган ҳукмдорлар ер ости кучлари орқали Умарга чиқиб, шу ерда даволанишлари одат тусига айланди. Умар ўзини дунёнинг саноқли кишиларидан бири деб биларди.

Нодирхон уни таклиф қилганда׃

-Устига тўрта тўққиз рақами ёзилган сариқ ғиштчалардан кўтара олганинг қадар берамиз,-деди.

-Мен аранг иккитасини кўтара оламан, яъни йигирма тўрт килони… Мен билан борадиганлар эса аранг биттадан кўтара олишлари мумкин. Ўзинг биласан, таниқли дўхтирлар ўзларига қарамайдилар, улар жуда нимжон бўладилар. Шу боис таклифингни ўзгартирамиз.

-Хўп таклифинг нима?

-Мен ҳозир жуда катта ишларни ташлаб боришим керак. Жумладан иккита мамлакат раҳбари навбатда…

-Шартингни айт.

-Биз боришимиз билан одам бошига бештадан сариқ ғиштчани самолетга чиқарсизлар. Шундан кейин дўхтирлар пастга тушадилар.

-Бироз кўп айтмадингми?

-Бу фақат дўхтирларнинг ҳаққи. Менга, госпиталимга самолет хизматчиларгига яна шунча…

Нодирхон бир гап айтса, ҳақ яна икки баравар ошишини ҳис қилди-да

-Гап йўқ,-деди.

Умарга Тошкентда махсус жой қилишганди. Аммо у рози бўлмади ва меҳмонхонада туришни ихтиёр қилди. Бу ҳам унинг ўзига хослиги эди.

Каримов имзо қўйишга рози бўлмаслигини эшитгач у:

-Бу телефонни кимдир эшитмоқда,-деди.

-Бу махсус линия ва ҳеч ким эшита олмайди,-деди Алматов.

-Агар сизларникилар эшитишмаса, бошқалар эшитмоқда. Нодирхон келсин, гаплашамиз!

Нодирхон келиши билан Умар уни ташқарига бошлади

-Биз оддий одам тақдири ҳақида гаплашаётганимиз йўқ. Агар унга бир гап бўлса, сизлар даъво қилмасаларинг ҳам бизнинг мамлакат даъво қилади ва текшириб чиқади. Дўхтирлар буни биладилар. Бизда ҳозир қонунлар ўзгарган. Суд ҳам бизни, ҳам дўхтирларни баравар жазолайди. Бундай судларнинг ҳукмидаги рақамларида камида олтита “0” бўлади.

-Шартингни айт,-деди Нодирхон гап қаёққа кетишини билиб.

-Сеникини рентгенга рози қиласизлар. Амалиёт ҳақида унга ҳеч нарса демайсизлар. Рентген пайтида наркозга оламиз. Ҳужжатга эса сен ўзинг қўл қўясан. У менда туради ва мен дўхтирларга “Бўлди, ҳужжат имзоланди”, деб айтаман. Таржимонингни пишит, дўхтирлар бу ҳақда мабодо касалга гап очсалар, нима дейишини билсин…

-Бошқа одам қўл қўйса бўлмайдими?

Умар саволни ва тортишувни ёқтирмас эди.

-Майли, сен билан бирга Алматов ҳам қўл қўйсин!-деди.

Нодирхон яна тортишиш бефойда эканлигини тушунди. Ҳатто Умар буни атайлаб режалаган ва келажагини суғуртага олмоқда деб ўйлади.

-Тўғри ўйлаяпсан, мен шу ҳужжатни имзолатиб, дарҳол қайтиб кетаман. Ҳамма ваколат қўлингда бўлади. Агар жуда қўрқсаларинг, кейин бу ҳужжатни қайтаришим мумкин. Ҳукмдорлар жинни бўлишади. Айниқса, кимдир орқасидан унинг ўлими учун масъулиятни бўйнига олса,-деди.-Агар бу ўйинга киришни истамасанг, уни кўндиришга урин, лекин у сендан кечади-ки, аммо имзо қўймайди.

Нодирхоннинг рози бўлишдан бошқа йўли йўқ эди. Кейин гап чиқмаслиги учун нафақат Алматовни балки Ҳайдаровни ҳам қўл қўйдираман, деб ўйлади ва бу кўнглини равшанлатгандек бўлди.

Каримов махсус рентгенга аранг рози бўлди. Аммо бошига ҳар турли симларни боғлаб ташлаганларидан кейин ўйланиб қолди. Айниқса, притивогазга ўхшаган нарсалар кийиб олган докторларнинг кириб-чиқишларини кўриб, кўнгли чўкиб кетди. Наҳотки масала жиддий? У кўзларини юмганди ички бир “мен” унга қарши бош кўтарди.

“-Эҳтиёт бўл, уйғонмай қолишинг ҳам мумкин!

-Бекор айтибсан. Ҳали қиладиган ишларим кўп. Душманларим отда юрганда мен кетаман-ми?

-Сен сал нарсага душманларингни ўйлайсан. Дўстларингни ҳам ўйласанг-чи?

-Дўстларим. Мирсаидовми? У менга хиёнат қилди. Жазосини бердим. Туғилганига пушаймон қилдим. Ким қолди?

-Назир-чи Назир?

-Назир! У мендан қочиб юрибди. У билан олийгоҳда бирга ўқирдик. Аслида у бошқа группада эди. Аммо Рухсора билан менинг орамга кирди. Рухсора… нақадар гўзал эди-я?.

-Ҳам гўзал, ҳам ақлли эди…

-Аммо гўзаллар ахмоқ бўладилар.Ўшанда Назирга кўз сузмаганда…

-Бунча Назир, Назир дейсан. Уни қаматдинг, бадарға қилдинг, охири қочиб кетди, барибир изидан одам қўйиб юрибсан. Ахир Рухсорага уйланмади-ку у?

-Агар орада у бўлмаганда Рухсора меники эди. Рухсора уни кўрмаса, менга рози бўларди, мен икки марта урусга уйланмаган бўлардим. Бугун у шоҳнинг хотини бўлиб юрарди.

-Лекин сен уни ўлдирдинг!

-Ғурури баланд эди. Уни мен эмас, ғурури ўлдирди.

-Ўзику ўзи, эрини ҳам, учта боласини ҳам ўлдирдинг!

-Чақиртирсам келмади. Уйидаги гапларни ёзиб келишди. Фақат мени лаънатлар экан. Эрини ҳам, болаларини ҳам менга мухолифатчи қилиб қўйибди.

-Чунки сен бекордан-бекорга Назирни жазолаганингни билади-да.

-Рухсора мени яхши кўрарди. Иккимиз ҳар оқшом Бешёғоч яқинидаги тепаликка чиқиб, гаплашиб ўтирар эдик.

-Алишер Навоий хиёбони десанг-чи. Ўша тепаликка аёл кишининг ҳайкалини қўймоқчи эдинг, нега Алишер Навоий ҳайкалини қўйдинг?

-Рухсорани унутишни истадим. Агар Назир пайдо бўлмаганда, у менинг ёнимда қоларди.

-Яна Назир, Назир дейсан-а? У ахир Рухсоранинг қўлини ҳам ушлагани йўқ-ку? У сенинг дўстинг эди, у тўсатдан пайдо бўлиб қолмади, сен ўзинг уни Рухсора билан таништирдинг. У Рухсорага кўз олайтирган эмас…

-Аммо Рухсора унга кўз олайтирди. Уни кўриши билан маҳзун кўзлари чарақлаб кетарди. Лабларидан қаҳқаҳа тушмасди. Ўзини унинг бағрига отгиси келарди.

-Назир келишган, сен эса чўтир башара эдинг. Назир ақлли, сен эса айёр эдинг. Назирнинг гапиришлари қизларни маҳлиё қиларди, сени гапларинг эса қизларни чўчитарди. Сен ҳамма нарсага куч билан эришишни истардинг. У эса ақл билан..

-Хўп! Ким ҳақ бўлиб чиқди? Мен куч билан дунёга ҳоким бўлиб ўтирибман. Аммо Назир қани?

-У ҳам ўз дунёсига ҳоким. Дунё қўлингда бўлгани билан уни ушлай олмаяпсан. Аламингни Рухсорадан олдинг. Уни ўлдирдинг.

-Уни мен эмас ўзини ўлдирди, деб айтдим-ку сенга! У ўзи ўзини осиб қўйди.

-Эрини қамадинг, ўғилларини қамадинг, уни таҳқирлатдинг, ҳатто бир бурда нонга зор бўлди…

-Унинг қиролича бўлиш имконияти ҳам бор эди. Аммо ўзи шу йўлни танлади.

-Хўп, Лола опанинг айби нима эди?

-Айби гўзаллигида.

-Унинг эрида нима айб эди?

-Бадбашара бир махлуқ шундай гўзал аёлга уйланадими? Катта ишда бўлганида кучини кўрсатиб, шундай парининг умрини хазон қилди.

-У ҳам сен каби кучга ишонган бўлса-чи? Аммо у сенинг устозинг эди. Сенга иш ўргатди, бало қазолардан асраб қолди, орқангни тозалаб юрди.

-У фақат орқа тозалашни билади. Нега ўшанда мени уйига олиб борганди? Нега хотини билан таништирганди? Нега бирга ўтириб ичардик ва нега дарҳол маст бўлиб қоларди? Нега эрталаб уйидан чиқиб кетганимни кўрганида ҳам кўнглига шубҳа келмасди?

-У сени ҳақиқий укам, деб биларди, сенга ишонарди.

-Хотинни укага ҳам ишониб бўлмайди.

-Хотини сендан катта эди.

-Гўзал бўлса ёшига қармайди. У тенги йўқ гўзал. Унинг болдирлари ҳар қандай ёстиқдан ҳам юшоқ. Унинг юзлари ойни ҳам уялтиради. Унинг кўзлари Қуёшни ҳам қамаштиради. Унинг…

-Бутун юрагингдан урган экан-ку…

-Агар юрагимдан урмаганда эрининг қилиқларига ўттиз йилдан бери чидар эдим-ми?

-Чидамас эдинг. Лола опа буни билар эди ва фақат эрини қутқариш учун айтганларингга рози бўларди.

-Йўқ. Эрини истаса мен билан ётмасди. Ҳар қандай аёл кучни, кучлини истайди. Мен кучлиман. Шунинг учун у меники бўлди.

-Муҳаббат-чи, Муҳаббат. Ўн гулидан бир гули ҳам очилмаганди.

-У ҳам ўзини ўзи ўлдирди. Уксус ичиб ўлди. Аммо жувонмарг дунёнинг маликаси бўладиган эди.

-Сен уни севгилисидан айирдинг…

-Севгилиси ахмоқ экан, нега уни менинг идорамга ишга ўтқазади? Кучли одамларнинг ёнига севгилисини юборган одам ҳезалакдир.

-Аммо Муҳаббат сени эмас, ўша ҳезалакни танлади.

-Йўқ. У ўлимни танлади.

-Сени тўшагинга ётганлардан қанчаси ўлимни танлади, биласанми?

-Биламан. Алматов яширса, Иноятов айтади, Иноятов яширса, Алматов… Шу билан менинг тилимни қисиқ қилмоқчи бўладилар. Ҳали ҳаммасини қуритаман.

-Сенга яхшилик қилган ҳам, қилмаган ҳам барибир. Бугунгача сенга ишонган қанча одамлар маҳв бўлиб кетдилар.

-Ражабовми? Уни Давлат котиби қилиб қўйдим. Аммо мени жойимга кўз тикди. Фозилбековми? Уни шаҳар ҳокими қилиб қўйдим, аммо менга хоинлик қилган Мирсаидовнинг этагини тутди. Иброҳимов-ми? Қари чол! Уни Олий кенгашга раис қилиб қўйдим. Лекин тагимга сув қуймоқчи бўлганларнинг йўлини тўсмади. Йўлдошев-ми? Ҳўкиз! Уни ҳам раис қилиб қўйдим, аммо тили чиқиб қолди. Маликовми? Маҳмадана! Уни вазир қилиб қўйдим, элчи этиб тайинладим, ҳақимни урди, алдади, душманларимга қўшилиб кетди. Умрзоқовми? Уни одам қилдим, лекин пулни мендан яширадиган бўлди? Жўрабековми? Уни бало қазолардан асраб юрдим, аммо ўз бошини ўзи еди. Ҳамидовни ҳам ўз ўрнимга ҳоким қилиб юборгандим. Бироқ битта Туркманбошини йўқотолмади. Яна ким? Бердиевми? Жабборовми? Абдураҳмоновми? Жўраевми? Уф? Яна қайси бирини эслай. Сон-саноғи борми? Ҳаммаси тузимни еб, тузлигимга тупурди. Ҳаммаси фитначи! Ҳаммаси хоин, порахўр! Яхшиликни билишмади. Шунинг учун ҳам жазоладим.

-Аммо сенда кин, қасос ҳисси жуда кучли. Қанчадан қанча ўзинг танимаган одамларни ҳам йўқотиб юбординг! Аслида тўғри қилдинг! Бўлмаса улар сени йўқотар эдилар!

-Кўрдингми, биз битта одаммиз. Барибир менга қўшилмасдан иложинг йўқ. Чунки кин ва қасос руҳи бу лидернинг қони. Қандай қилиб қонсиз яшаш мумкин? Қандай қилиб? Қонсиз… қонсиз…”

Каримов наркоз таъсирида чуқур уйқуга кетгач, дўхтирлар унинг мия қопқоғини очиш учун амалиёт бошладилар…

-Мен бугунга қадар жуда кўп ҳукмдорларни амалиёт қилдим,-деди Каримовнинг бош қисмидаги ўсимтани олиб ташлаган дўхтир,-аммо ҳаммасининг ҳам мияси жуда кичкиналигини кўрдим. Қандай қилиб мияси шу қадар кичик бўлган одамлар мияси катта-катта бўлган донишмандларни қул қилиб олар эканлар? Қандай қилиб ҳукмдорга айланар эканлар?…

Каримов 26 кун деганда самолетдан ташқарига чиқди. Унинг бу ердалигини ҳатто оиласи ҳам билмади. Ҳаммага дам олишга кетган деб айтишди. Бу орада у “касал экан” деб гап тарқалгани учун уни кузатиб келган қўриқчилари дўхтир Гайранга қўшилиб “ғойиб” бўлишди. Таржимон йигитни эса олмониялик учувчи самолетга яшириб олиб кетди ва у ҳозир Америкада яшамоқда. Аммо отаси касалхонага боролмай оламдан ўтди. Онаси ва умр йўлдошини диндорликда айблаб, қамаб қўйишди. Болалари эса, Каримовнинг қизи бошчилик қилаётган етимхонада…

ЎН ИККИНЧИ БОБ

Вазирлар маҳкамасининг мажлиси 15 феврал кунига белгиланган эди. Амалиёт ҳам шу кунга тайёрланганди. Аммо бирданига Каримов мажлисни 16 феврал кунига қолдириши ҳаммани шошилтириб қўйди.

Рустам, Отабек ва Қорабой ака ёнма-ён хоналарда ётардилар. Деворлари бир эди, аммо ёнма-ёна эканликларини билмасдилар. Уларга ҳаётнинг қизиғи қолмаган ва фақат интиқом ҳисси билан яшардилар. Қорабой ака йўқ бўлган оиласи ҳаққи қасос олиш умида тонгни кутаётганди. Рустам ҳам ухламаётган ва тезроқ бу зулматли тун битишини истаётганди. Отабек эса “Эшик очилиши билан биринчи бўлиб югуриб чиқаман ва портлатгичлар солинган машинани ўзим бошқариб бориб ҳукуматнинг биносига ураман” деб ўйларди.

Уларнинг ҳар бирига алоҳида вазифа белгиланган ва алоҳида гуруҳларга киритилган эдилар. Улар билан алоқа қилган кишилар амалиётнинг барча нуқталаридан хабардор қилар эдилар.

Бу аввалига бироз шубҳа уйғотган бўлса-да, лекин кейинчалик улар Каримов ва унинг ҳукуматини йўқотиш учун жуда жиддий иш бораётгани ва бунда ўзлари ҳам муҳим вазифа олганларига чин дилдан ишониб қолгандилар.

Кечалари уларни олиб чиқиб, Мустақиллик майдони, Миллий банк ва бошқа жойларни кўрсатишар, қаёқдан келиб, қаерга ҳужум қилишни айтишар ва қуроллардан қандай фойдаланишни ўргатишарди. Кейин хариталарни келтириб, синовлар ўтказишарди. Бир марта Рустамни ҳатто чет элдан қайтган йигит билан учраштиришди. Унинг исми Зайниддин экан.

Зайниддин билан эски шаҳардаги бир мачитда учрашдилар. Яна бир неча киши бор эди. Зайниддин уларга хориждаги биродарлар бу режимни ағдариб, Оллоҳ буюрган ҳокимиятни ўрнатишга тайёр эканликларини ва улардан ишора кутаётганларини айтди.

Рустам ва Бобур деган йигитни бирга олиб боришганди. Бобур бир йил олдин қамалган экан. Хориждан ушлаб келишган. Энди амалиётнинг асосий раҳнамоларидан бири эди. Улар биргаликда хуфтон намозини қилиб, тонгга қадар гаплашдилар. Вақтларининг анчагина қисмини курашга бошлайдиган оятлар ва ҳадисларни ўқишга қаратдилар.

Рустамни ҳайртага солган нарса Зайниддиннинг нотиқлиги бўлди. Ҳар калимани теран-теран қилиб айтар ва сўзларини тарихий воқеалар, ҳикоятлар билан мустаҳкамлар эди. У айтиб берган ҳикоятлардан бири Рустамга қаттиқ таъсир қилди.

-Сиз биродарлар мана бу ҳикоятдан хабарингиз борми? Буни қулоғингизга қуйиб олинг,-дея уларга мурожаат қилганди Зайниддин,-Искандар дейилган зот Машриққа келганда, қараса, одамлар одамларга ўхшамас эдилар. Уларнинг кўзлари, бурунлари жойида эмас. Кимнингдир кўзи битта бўлса, яна кимнингдир оғзи иккита. Шундай ёмон касалликлар тарқалган экан-ки нафас олсанг, албатта битта касал юқадиган жой экан. Болалар туғилганидан бошлаб букри, ё жуда ҳам озғин ёки жуда ҳам семиз бўлиб ўсар эканлар. Улар туну кун ингранар, қийноқда азобланар эканлар. Кексалар судралиб қолишган. Ҳеч ким ўлолмас экан. Худди қурт каби ўрмалаб юрганлар, илон мисол вишиллаганлар, қурбақадек сакраганларнинг сон-саноғи йўқ экан.

Искандар бу аҳволни кўриб жуда ҳам ҳайратга тушибди ва Оллоҳга мурожаат қилиб бу бандаларини нега бу куйга солганини сўрабди. Унинг рўёсида маълум бўлибди-ки, бу ерда яшаганлар Иблисни ўзларига раҳнамо қилиб олибдилар. Иблисни мақтаб, иблисга сиғинибдилар. Ҳатто фарзандларининг исмини Иблис деб қўйганлари бўлибди. Шоирлари Иблис ҳақида достонлар ёзсалар, носирлари китоблар битибдилар. Болалари Иблисни ота десалар, оталари Иблисга нафақат ўзларини, балки оналари, қизларини инъом этар эканлар. Нега?

Иблис уларга нима берди ёки нима қилдики, улар унинг қулига айландилар? Иблиснинг қилган иши битта экан, у ҳам бўлса уларнинг дилига қўрқув солган экан. Улар Оллоҳдан эмас, иблисдан қўрққанлари учун яратувчи уларга ишоралар юборибди. Кимнидир қийноққа дучор этса, кимнидир айрилиқ азобига солибди, кимнидир хасталикка йўлиқтирса, яна кимни шармандликка рўбарў қилибди.

Аммо улар ўзларига келмабдилар. Ишорани сезмабдилар. Шунда уларга ибрат бўлсин деб қўшни мамлакатдагиларга шодликлар улашибди. Улар қўшниларидаги бу шодликларни бахтсизлик деб билибдилар. Иблисдан келган қурқувни эса шу қадар ўзларига сингдирибдиларки, ҳатто ўлаётганда ҳам Иблисга сиғиниб ўла бошлабдилар. Шунда яратувчи уларни ўлолмайдиган қилиб қўйибди. Азобларнинг энг катталарини юбораверибди ва уларни Иблисни танишга ундабди. Лекин бир марта Иблиснинг домига тушганлар қайтиб чиқа олмабдилар. Дунёда эркинлик борлигини унутибдилар ва Оллоҳ ҳам уларни унутиб, улардан воз кечибди.

Искандар ўзига воқиф бўлган бу хабардан кейин қиличини яланғочлаб Иблиснинг ёнига борибди. Иблис унга:

-Майли мени ўлдир, ўзим ҳам бу бадбахт халқдан чарчадим, аммо бир кун изн берсанг мен ўзимда айб йўқлигини сенга кўрсатаман,-дебди.

Искандар “Хўп” деб қараб турибди. Иблис халққа:

-Мени мақтаманглар,-дебди.

Аммо маддоҳлар мақтайверибдилар.

-Менга бир тийинларингиз керак эмас,-дебди Иблис.

Қараса, энг камбағаллар ҳам бор бутларини сотиб, халта-халта пул олиб келаётган эмишлар.

-Сайлов қиламиз, мени сайламанглар,-дея ёлворибди Иблис. Искандар қараб турса, ҳамма Иблисга овоз бераётган эмиш. Шунда у жаҳли чиқиб “Бу халқ эмас, булар қурт-қумурсқалар”, деб уларни қириб ташлабди.

Яна тушида унга маълум бўлибдики, агар у Иблисни ўлдирганда балки бу жонзотлар қурт-қумурсқалар ҳолидан яна одамлар ҳолига қайтишлари мумкин бўлар экан. Аммо иш ишдан ўтган, ғишт қолипдан кўчган эди.

Искандар йўлга чиққанда эса, Иблис унга ҳужум қилибди. Аммо у орқасига қарамай кетиб қолибди. Унинг орқасидан:

-Сен ярадор эмассан, сен буюксан, сен ўлмассан,-дебди.

Ўшанда Искандар, Иблис ҳамма нарсанинг тескарисини гапириши ва халқ ҳам шунга ўрганиб қолганини, англабди. Ҳақиқатни англаб қиличини қинидан чиқараман деса, қон йўқотишдан ҳолсизланиб саҳрога тиз чўкиб қолибди. Иблис эса хахолаганча турган эмиш. Шунда Искандар “Авлодларим, бу хатони мен қилдим, сиз қилманг”, дея илтижо қилган экан. Бугун бизнинг хато қилмайдиган кунимиз бўлиши керак!

Рустам охирги кеча Зайнидиннинг бу ҳикоятини қайта-қайта эслаб чиқди. Лекин неча йилдан бери қийноқлар ва азоблар гирдобида эзилгани бир томон бўлди ва амалиётни 16 февралга кечиктирганлари бир томон.

Инсон бир нарсага ўзини тайёрлаши жуда қийин кечади. Ўзини ўлимга таёрлаш эса ундан ҳам қийин. Лекин Қорабой ака ва фарзандлари Рустам ҳамда Отабекнинг умрлари бир кунга узайди. Бу уларни шод этмади, балки изтиробга солди. Чунки улар қасос кунини, қасос соатини шодлик дақиқаси деб билардилар. Ана шу дақиқада бошларига тушган барча азоблардан халос бўлишларини ва интиқом ҳиссида қоврилишларини ўйлардилар.

Каримов мажлисни бир кун орқага олиши уларнинг нафратини янада кучайтирди. Интиқом ҳиссисга куч берди. Охирги лаҳзаларда ҳам бизни қийнамоқда, деб ўйлашди.

Бир кун минг йилга айланди. Улар бутун изтиробларни қайта яшаб чиқдилар ва ниҳоят амалиёт дақиқаси етиб келганда, машиналарга қушдек учиб миндилар.

Қорабой ака машинага минар экан, сал нарида ўғлига ўшаган бир йигитни кўрди. У ҳам унга қараб турарди. Ертўладан ташқарига чиқиб, кўзимга сароб кўринмоқда деб ўйлади. Ҳалиги йигит ҳам унга қараб-қараб машинага минди.

Орқасидан бошқа машинага минаётган яна бир йигитни кўрди. Буни Отабекка ўхшатди ва ўлимнинг олдидан Худо фарзандларимни кўзимга кўрсатмоқда деб ўйлади. Худди ана шундай ҳис Рустам ва Отабекда ҳам бор эди. Улар гўё мўъжиза олдида лол эдилар.

Амалиётни режалаган одам эса отаси ва фарзандларини узоқдан бўлса-да охирги маротаба бир-бирларига кўрсатиб, ўз кўнглини роҳатламоқчи эдими? Йўқ. Балки бу томони ҳеч кимнинг хаёлига ҳам келмаган ва бир-бирини олисдан кўриб қолиш шунчаки тасодифмиди? Йўқ. Режа тузилганда бу нарса алоҳида ўйланган ва уларни охирги лаҳза ҳам интиқом ҳисси билан суғориш планли тарзда амалга оширилганди.

Каримов шу куни ишга эрта келди ва сейфни очиб дасталаб қўйилган мактублардан бирини олди. У ўзининг номига келган мактубларни деярли ўқимасди. Аммо турли тасодифлар туфайли баъзи мактублар қўлига етиб қолса, ўқиб ё йиртиб ташларди ё отиб юборарди. Аммо камдан камларини олиб қўярди. Мана бу мактубни ва уни берган одамни эса яхши эслайди.

Ўшанда қизини турмушга чиқаргани учун Дархонда наҳор оши берди. Қудаси билан ташқарида туриб, келган-кетган билан салом-алик қилиб туришди. Ош еб чиққан бир нотаниш одам унинг қўлига бир конверт тутқазди. Тўёна бўлса керак деб олиб қўйди. Аммо кейин қараса, жуда чиройли ҳуснихатда ёзилган мактуб экан. Негадир бу хат унга қаттиқ таъсир қилди. Мана саккиз йилдир-ки бу хат сейфда. Фақат нусхасини маслаҳатчиси Алимовга берганди.

Каримов худди яқинда ёзилгандек, махсус сейфда сарғаймай турган бу хатни яна бир бор ўқий бошлади

“Пахта иши деб кўп одамлар қамалиб кетди. Агар бу адолат учун бошланган ҳаракат бўлганда, биринчи бўлиб сиз қамалишингиз керак эди. Чунки сиз бу ишларнинг бошида тургансиз. Қўшиб ёзиш бошланадиган жойнинг номи Госплан эди. Сиз умрингизни қарийб йигирма йилини шу идорада ўтқаздингиз. Қўшиб ёзишнинг барча маханизмлари шу идорада кашф этилганини ахмоқ ҳам билади. Минг-минг одамларни қамашди, аммо сизга ҳеч нарса дейишмади.

Сиз бир неча йил Молия вазири бўлдингиз. Қўшиб ёзиш, пахта ишининг барча пуллари сизнинг қўл остингиздан чиққан. Чунки ўртада бир-икки сўм эмас, миллионлар, миллиардлар айланган ва бу қадар маблағ Молия вазирининг хабарисиз айланмасди. Аммо сизга индашмади.

Сиз вилоятда партия комитетининг биринчи котиби бўлдингиз. Бу пайтда қўшиб ёзиш энг авжига чиққан эди. Сизни обкомнинг биринчи секретари дейишарди. Вилоятда биринчи секретарнинг изни бўлмасдан бир иш қилинмасди. Шунинг учун ҳам барча обком секретарларини қамашди. Аммо сизга индашмади.

Чунки сиз уларнинг ўз одами эдингиз. Чунки уларнинг мақсади ҳокимиятни сизга олиб бериш эди. Шу йўл билан бизни мустамлака остида сақламоқчи эди улар. Ўшанда мустақиллик ҳаракатлари кучайганди. Бу жуда катта тўлқин. Дарёга айланганди. Унга очиқ қарши чиққан одамни ва одамларни оқизиб кетарди бу дарё. Шунинг учун ҳам бу қудратли тўлқинга панд бериш учун сизни топишди.

Сиз ҳамма томонлама уларга мос келдингиз. Умр йўлдошингиз улардан ва зеҳниятингиз ҳам уларга яқинлашиб қолган. Мен кўп эътибор қилдим. Бизнинг тилимизда гаплашганда жуда қийналасиз ва уларнинг тилида гаплашганда роҳат қиласиз. Инсон қайси тилда роҳат гаплашса, бутун қалбидагини ҳеч бир тўсиқларсиз ифодаласа, демак бу тил унинг она тилидир. Сиз турли гаплар ва ҳаракатлар билан бизни алдашингиз мумкин, аммо юрак юракдан улар билан, улар билан биргасиз. Яна ҳам очиқ айтсам, сиз улардан бирисиз. Сиз бизга бегонасиз. Ўзимиздан чиққан бегона!

Эсингиздами, депуталаримиз мустақиллик эълон қилганларида қарши чиққан эдингиз. Орадан бир йил ўтиб, қамалиш хавфи билан юзма-юз келиб қолдингиз ва дарров мустақиллик эълон қилдингиз.

Бу халқимизнинг фожеаси. Бу халқимизнинг Худо ургани деганлар кўп. Аммо барибир ҳамма нарса Худонинг ҳам эмас, сизнинг қўлингизда. Бугун тарихий зарурат туфайли катта имкониятга эгасиз. Мустақиллик эълон қилиб, ўзингизни қутқарган каби энди бутун халқни ҳам қутқариб қолиш имконига эгасиз.

Сиз ҳам эркаксиз, хотинингиз бор. Сиз ҳам отасиз. Фарзандларингиз бор. Ҳеч бўлмаса шуларни ўйланг. Агар сиз ҳозиргидек гапда бошқа ва амалда бошқа бўлсангиз улар ҳам бахтсиз бўладилар. Бутун халқ, умр йўлдошларимиз, фарзандларимиз бахтсиз бўладилар.

Сиз ҳақингизда эшитдим. Йўлига тўсиқ бўлгани учун отасини уриб, оғзини қонга ботирган ва оқ қилиниб, уйдан ҳайдалган кимса, дейишди. Биринчи хотини ва ўғлини кўча-куйда дарбадар қилиб қўйган номард, дейишди. Наҳотки, Худо шундай одамни бизнинг бошимизга юборди? Демак, бу ишнинг Худога алоқаси йўқ.

Сизда ана шуларнинг ҳаммасидан қутилиш имкони бор. Бу эса оқил ва одил инсонларга қулоқ тутиб, халққа хизмат қилишдир. Аммо сизни бу масалада ҳам бадбахт дейишди. Оқил одамларни оёқ ости қилиб, ахмоқларни қўллайдиган киши дейишди. Отасини ўлдириб, онасини хотин қилган бадбахт ҳам сизни мақтаса унга мансаб бериб, уни ёнингизда олиб юрасиз, деб эшитдим. Наҳотки?! Наҳотки бу халқнинг шўри қуриган?!

Шундай экан, сизга мактуб ёзиш ҳам ахмоқлик эмас-ми? Мен ачиқ-ачиқ сўзларни танладим ва сизни инсофга чорламоқчи бўлдим. Пахта иши давом этган кунларда “Литературная газаета”да Расул Ғуломов деган одам ҳақида ёзишди. У Рашидовга мен сизга ёзганимдан ҳам юз маротаба ҳақоратли мактуб ёзган экан. Мен мухолифатдаги оддий фаолман. У эса, Рашидовнинг ёнидаги катта мулозим экан. Шунга қарамай, Рашидов ўзини онангни, хотинингни деб сўккан бу одамни йўқотиб юбормаган экан. Ҳатто “текширинглар у ҳақдур, уни шу қадар аччиқ гапларни айтишга ундаган нарса адолатсизлик бўлса керак”, деб мактубнинг тепасига ёзиб қўйган экан. Шу хатни нусхасини ҳам чоп этишибди. Ана шу нарса мени ҳам сизга мактуб ёзишга ундади. Балки сизни инсофга чақира олараман, балки тош юрагингизни жунбушга келтирарман, деб ўйладим.

Унутманг, сиз ёмонлик қилсангиз ҳам, яхшилик қилсангиз ҳам узоқ вақт тахтда қоласиз. Чунки сизни ер ости кучлари қўлламоқда, чунки сизни зимдан урус оғаларингиз қўллаб турибди ва энг асосийси сизни ўзингиз мансуби бўлган махфий хизматлар дастакламоқда. Ёмонлик қилиб ўтсангиз ҳам сизни кўп гапирадилар ва яхшилик қилиб ўтсангиз ҳам.

Биласизми, сизнинг юзингизда нур йўқ, меҳр йўқ. Қўрқинчли юзингиз бор. Кўзингизда шўъла йўқ, совуқлик ёғилмоқда. Қарашларингизда ғаззаб ва нафрат қоришиқ. Гапларингизда таҳлика ва зулм бор. Булар битта халқ учун жуда ҳам оғирга тушадиган нарсалар.

Худойим шайтонни, яъни иблисни йўлдан қайтара олмаган деган гап бор. Аммо шайтонга унинг шайтонлигини айтгани учун у ўзини панага олган экан. Сизни мен ва мен кабилар йўлдан қайтара оламизми, йўқми билмайман, бизда Худонинг қудратидан зарра қадари ҳам йўқ, аммо сизга кимлигингизни айтишимиз керак. Балки бизнинг гапларимиз сизни жиноятлардан, бу халқни оёқ ости қилишдан сақлаб қолса…”

Шу пайтда кучли портлаш садоси эшитилди. Каримов ўрнидан туриб, дераза ёнига келди. Ҳукумат биноси томондан кўкка тутун ўрлаётган эди. У қабулхона эшигини очди. Алматов ва бошқалар шу ерда эдилар.

-Форманг жуда ярашибди,-деди унга Каримов. Алматов деярли форма киймас эди. Аммо бугун Каримовнинг талаби билан кириб келганди. Улар биргаликда ҳукумат биноси ёнига келганларида ҳамма ёқ остин-устун эди. Кимдир қичқирган, кимдир йиғлаган. Кимдир ярадор, кимдир эсанкираб қолган…

-Ўзимизникилардан кимлар кетибди?-деди Каримов Алматовга Вазирлар маҳкамаси мажлисига деб бу ерга тўпланган вазирларни назарда тутиб.

-Йўқ, ўзимизникилар эсон-омон!-деди Алматов “ўзимизникилар” калимасига урғу бериб.

Алматов илк бор Каримовдан баъзи одамлар ҳақида ғамхўрлик қилишдек бир гап эшитганди. Чунки Каримов учун вазирлар ва тупроққа қоришган одамлар орасида фарқ йўқлигини у билар эди. Шунинг учун, хато қилиб қўйганини англади. Каримов аслида нега вазирлардан бир-иккита тупроққа қоришмади деб сўраганди. Чунки бир-икки вазир ўлса, шунда бу воқеанинг хабар майдони янада кенгроқ бўлади, деб ўйлаган.

Зотан илгари бу амалиёт ҳақида гаплашганда у Алматовга׃

-Бу дунё жуда ҳам қизиқ. Оддий одамлардан мингтаси ўлса ҳам бировнинг парвойига келмайди. Аммо битта вазир ўлса, беш кун тўхтамай гап қиладилар. Ваҳоланки, ҳаммаси бир гўр. Лекин дунё шуни истайдими, демак, у ейдиган овқатни ҳозирлаш керак,- деган эди.

Алматов Каримовнинг юзига қараган эди, унинг кўзларидан қониқмаслик ҳиссини англади ва унинг ёнига яқинлашиб қулоғига пичирлади׃

-Ишимизда камчилик бўлди. Рухсат берсангиз кейинги объектга ўзим бораман, балки шу билан ўзимни оқларман, сизнинг олдингизда гуноҳкорман,-деди.

Каримов унинг кўзига қараб заҳарханда жилмайиш қилди ва

-Етиб бороласанми?-деди.

-Ҳар бирининг орасида беш дақиқа вақт бор. Бизнинг идорамиз учинчи ва мен етти минутда етиб бораман. Уч минут запасим ҳам бўлади,-деди жиддий оҳангда.

Чунки Алматов катта хато қилинди ва энди қутилишнинг имкони йўқ, барибир ишдан ҳам кетдим, деб ўйлаётган эди. Ишдан кетиб қутилмаслигини ҳам яхши биларди. У Каримовнинг одатини билади. “Қамоқда чиритаман” деса, чиритади. Ҳар қандай баҳона билан қамоқда сақлайверади. “Йўқотаман”, деса йўқотади. Мана шу ички қўрқув Алматовнинг гапларига жиддийлик бериб, Каримовда шубҳа уйғотмади.

Аммо Каримовнинг вақтни суриштиргани унинг юрагини ўйнатиб юборди. Демак, мендан воз кечди.

-Кўраяпсанми буни? Ерга кирсанг қулоғингдан, осмонга чиқсанг оёғингдан тортиб келиш учун асос бўлади. Истаган пайтда бу делони очаман ва сени Жаслиққа юбораман. Соқоллиларнинг олдида бесоқол бўлиб юрасан!-деди.

Алматов қандай қилиб қутилиш ҳақида кўп ўйлаган. Бир марта Нодирхон унга׃

-Истасангиз, Москвада болалар бор ва диагноз сифатида даволанмас бир касални қўйиб беришади. Йўлига даволаниш деб қутилиб кетасиз,-деди.

Алматов Нодирхоннинг оғзига урганди ва

– Мен оқсоқол билан битта вагондаман. Тушиб қолиш йўқ,-деганди.

Мана энди кутилмаганда у ўлим билан юзма-юз бўлиб қолди. Чунки Каримовнинг ҳукумат мажлисини бир кун орқага олганини ҳам ҳозир англаган эди. Одатда баъзи вазирлар ростдан ҳам касал ёки узоқроқ жойда бўлсалар мажлисга келмаганлари учун баҳона топишарди.

Аммо кечиктирилган мажлисга ҳеч қандай баҳона ўтмасди. Улар ўта жиддий масала борлигини ва Каримовнинг нимадандир жаҳли чиққанини билиб қолишарди. У фақат жаҳли чиққандагина олдиндан белгиланган мажлисни қолдирарди. Ёки кимларнидир ишдан олмоқчи бўлса ҳам шундай қиларди. Демак, у масаланинг мана шу жиҳатига ўта жиддий қараган ва бир неча вазир ярадор бўлиши ёки ўлиши ҳужумни катта воқеага айлантиради, шундан кейин хохлаган ишимни қиламан, норозиларнинг ҳаммасидан қутуламан, деб ўйлаган. Энди мени ана шу вазирларни қутқариб қолди, деб ўйлайди ва ишимни расво қилади, деб қурқувга асир тушди.

Каримов׃

-Бу ишни қилганларни қачон топасан?-деди унга баланд овозда.

-Бир ойда ҳаммасини судга олиб чиқаман. Ҳозир қўлимда ип учлари бор ва аллақачон ишни бошлаб юбордик,-дея жавоб қилди.

-Ҳаммасига ўзинг бош-қош бўласан! Вақти келганда ўзингни оқлайсан!

Алматовнинг кўнглида қуёш порлади. Демак, у мени асраб қолди, ҳали ҳам менга ишонади, деб ўйлади. Айниқса, Иноятов ва бошқаларнинг олдида мана шундай дейиши унинг кўнглини тоғдай кўтариши эди. Каримов ундан амалиётнинг зарбаси суст бўлишида қўли бўлганларни жазолашни сўраётган эди ва Алматов буни тушунди.

-Қани иккаланг икки томонимга ўт. Кучимов тирикми? Чақирларинг, халққа айтадиган гапларимиз бор,-деди Каримов икки генерални икки ёнига олиб.

Телевидениенинг раиси Кучимов ҳукумат мажлисига келган ва аллақачон Каримовнинг кўзига ташланиш учун атрофда типирлаб юрганди. Мажлисга деб келган операторлар ҳам чақирилди. Каримов ҳукумат биносининг эшиги қаршисига ўтди. Ярадорларни ташишаётган пайтда видеотасмага тушишини истарди.

У Кучимовга “Сен суратга олавер” деган ишорани қилди ва ўзи Алматов ҳамда Иноятов билан гаплашиб тургандек ҳолат яратди. Шу пайт Миллий банк ёнида кучли портлаш юз берди. Каримовнинг кўнгли кўтарилди ва бир зум хаёлга берилди׃ Мени кўрганлар, мана қандай қаҳрамон одам бизни бошқармоқда, деб ўйлайдилар. Бундан ўн йил олдин Бўкада месхет туркларининг уйларини ёққанларида от минганим кейин қанча фойда берди. Ҳужжатли филмларда кўрсатилди, китобларда ёзилди. Бу менга катта обрў олиб келди. Мана энди бу воқеанинг қаҳрамони ҳам ўзим бўламан. Бир томонда портлашлар ва мен қўрқмасдан ўртада турибман…

Аслида эса бу Каримовнинг хатоларидан бири бўлганди. Худди мана шу манзара жуда кўпчиликда шубҳа уйғотди. Чунки ҳар қандай одамда ҳам ўзини ўзини ҳимоя қилиш инстинкти бўлади. Унга қарши ҳужум уюштирилган бўлсаю у дарҳол воқеа жойида пайдо бўлса? Бунинг устига яқиндаги бир жойда кучли портлаш амалга оширилсаю у бундан қўрқув эмас, қониқиш ҳис этса?

Каримов одамларга “Паникага тушмангалар!” деб воқеа жойидан хонасига қайтар экан, чўнтагидаги мактубни чиқариб, ўқиди.

“Инсоннинг яхшиликка томон одимлаши бировни кечиришдан бошланади. Бировни кечирсангиз енгиллик ҳис қиласиз. Руҳингизда, дилингизда енгил бир мағрурлик пайдо бўлади. Бу қилган яхшиликнинг ажри, мукофотидир. Мен сизга оғир гапларни ёздим. Сиз мени бир кечириб кўринг. Бу сизнинг янги ҳаётга илк одимингиз бўлади. Кечиришга ўрганиш томон сафарга чиққан бўласиз. Разолатдан, ёмонликлардан узоқлашган бўласиз. Акс тақдирда разолат ботқоғига ботишингиз мумкин. Сизга кечириш бахтига муяссар бўлишингизни истаб Қорабой, 1992 йил”.

-Ма бу хатни делога тирка. Бу одам азалдан менга қарши бўлганини исботловчи бундан кучли далил тополмайсан…

Алматов бу хатнинг нусхасини илгари ўқиган эди. Бундан етти йил аввал. Ўшанда Алимов хатнинг нусхасини унга кўрсатиб, бу оиладан сен ҳам кўз-қулоқ бўлгин, деган эди. Аммо кейин бу оила МХХ ихтиёрига ўтгани учун у бошқа оилалар билан шуғулланди. Охирида яна ўзига ўтди. Мана энди орадан етти йил ўтиб, ўша хатнинг асл нусхасини ушлаб турибди.

Аслида Алматовни қўрқитгани ҳам мана шу. Каримовнинг тоқати. У бировни жазолашга шошмайди. Йиллаб кутади ва йиллар давомида жазолаб боради. Унда гина жуда ҳам кучли ва душманини тор-мор қилгунча тинчимайди. У жуда моҳир овчига ўхшайди. Ўлжасини узоқ пойлайди ва шундай урадики, ўнгланиб олишига вақт қолдирмайди.

Бир зумда хаёлига келган бу фикрни қувган Алматов яхши нарсалар ҳақида ўйлашга уринди׃ Мана у менга ишонмоқда. Ишонмаганда бу мактубни менга берармиди?..

Ахир амалиётнинг четдагиларни ҳам бу ишга аралаштириш қисмини бошқага ишонган бўлса-да, барибир Нодирхон орқали мени ҳам хабардор қилиб турди. Ўзи ҳам жуда зўр иш бўлди. Ҳаммасини тузоққа илинтирдик. Ишни ўтизга етмиш қилдик. Ўттизи биздан бўлди. Етмишини улар ташкил қилдилар. Бир нарсага ишонмаган одамларни бошқариш жуда қийин. Аммо ишонган одамларни бошқариш осон экан. Қамоқда ўтирган беш олти киши орқали ташқаридагиларни қўғирчоқдек ўйнатдик. Улар ҳеч қачон ҳеч нарсадан хабардор бўлмайдилар. Аммо қолган ўттиз фойизи-ўзимизникиларни тинчитиш керак. Бу ишни Нодирхонга айтган эдим. Уларни тутдай тўкиб ташлаган бўлса керак. Орада на у ёқнинг ва на бу ёқнинг одами бўлганлар ҳам бор. Уларни ҳам йўқотиш керак. Бир кунмас бир кун ҳиди чиқса, каллам кетади…

Алматов ана шу ўйларини амалга кўчириш билан банд экан мажлиснинг вақти бўлиб қолганди. Мажлисда балки бошқача йўл тутсам бўлармиди, деб ўйлаб қолди. Чунки бир қанча ёш йигитнинг ёстиғини қуритиб юборишга бевосита буйруқ берганидан кўнгли алланечук бўлганди. Илгарилари бундай ишларни қилганда, мен аскарман дерди, бу сафар буйруқни ўзи берди. Дунё қизиқ. Жаллоднинг кўнглидан ҳам гуноҳ ҳисси ўтар экан.

Мажлисда қаҳрамон шоир:

-Алматов, бу аблаҳларнинг бошини сабчадек узиб ташланг!- ҳайқирди,

Бу гап Алматовга енгиллик бағишлади ва кўнглида пайдо бўлган гуноҳ ҳисси ўрнини қилган ишидан мағрурлик туйғуси эгаллади.

…Бутун мамлакат бўйлаб қама-қамалар бошланиб кетди.

ЎН УЧИНЧИ БОБ

Нилуфар Дубайдаги зиндонда беш нафар жувон билан бирга азоб чекмоқда. Аммо уни Нодирхоннинг ҳузурига олиб келишганда кўрган хўрлиги олдида буниси ҳеч нарса эди. Ўша дақиқаларни эслади.

-Сен қанжиқ ниманга бино қўйдинг, нега бу қадар ноз қиласан?,-деди ўшанда Нодирхон унинг юзига тарсаки тортиб.

У юзидан чиққан оловнинг тафтида бир зум қоврилди-да, кейин хонадан қочиб чиқмоқчи бўлди. Бироқ Нодрихон бир сакраб унинг сочидан тортиб, айлантириб юборди. У хонанинг бир четидаги диванга шундай урилдики, гўё суяклари майда-майда бўлиб кетгандек ҳис қилди ўзини.

-Мен қизларни қийнашни яхши кўраман,-деди Нодирхон.-Уларни алдаб-сулдаб ўтирмайман. Бу ҳезалакларнинг иши. Иккиюзламачилик қила олмайман. Барибир айтганимга рози қиламан. Сен ҳам барибир рози бўласан. Фақат яна бир-икки тарсакидан кейин. Нафратинг қанча кучли бўлса, эҳтиросинг ҳам шу қадар баланд бўлади. Ҳатто ўзинг ялина бошлайсан. Сени бугунгача алдашди. Мен эса, сенга ҳақиқатни кўрсатаяпман. Ҳақиқат мана шу! Сен энди бузуқсан! Билиб қўй, бузуқлар баъзан соғлардан яхши яшайдилар.

Биламан ҳозир сенга яшашнинг қизиғи йўқ. Аммо яшашга ўрганасан. Бузуқ бўлиб яшашга ўрганасан…

Ўша кун Нодирхон Нилуфарни жуда қийнади. Охирида зўрлади. Ҳаммаёғини эзиб, тишлаб, момоталоқ қилди. Унга ҳеч таскин бермади.

Нилуфар учун ҳаётнинг қизиғи қолмади, лекин негадир яшагиси, Нодирхон ва бошқалардан ўч олгиси келди. Унинг учун ота-она, бувиси ёки келажак ҳаётнинг зарра қадар ўрни қолмаган эди. Бу китобнинг саҳифалари ёпилганди. Янги китоб очилганди. Қасд олиш.

Қасоскорлик одамнинг руҳида бўлар экан. Аммо руҳнинг жуда тубида, уйғонмас бир ҳолатда ётар экан. Уни мана шундай даҳшатли ҳолатлар уйғотаркан. Бу руҳ йиқилган одамни қайтадан оёққа қўяр экан.

Нилуфар нодирхонлар билан яхши бўлиш ва пайтини топиб, уларни жазолаш ҳақида ўйлай бошлади.

Аммо Нодирхон бундайларни кўп кўрган. Шунинг учун Нилуфарни Дубайга жўнатиб юборди. Бу ерда уни Фирдавс деган бир йигит кутиб олди.

Фирдавс асли самарқандлик. Тошкентда иқтисод олийгоҳини битиргандан кейин банкка ишга ўтганда Дурдонанинг назарига тушди. Дурдона шоҳнинг қизи эмасми, назарига тушган одамни тузоғига илдириши қийин эмас. Унинг бир имоси билан Фирдавсни Дубайга жўнатишди. Бу ерда Дурдонанинг бир қанча ширкатлари бор ва Фирдавс улардан бирида ишлай бошлади. Бу ширкат асосан мамлакатдан юборилган қизларни Дубайдаги расмий ва норасмий фоҳишахоналарга жойлаштиради. Чапани қилиб айтганда, қўшмачилик бизнесини юритади.

Нилуфарни ҳам Фирдавс кутиб олди. Олдин меҳмонхонга олиб борди.

-Касал бўлганмисан?-деб сўради ундан қўпол тарзда.

-Қанақа касал?

-Ўзингни гўлликка солма. Фоҳишалар қандай касал бўлишини мен сенга айтишим керакми?

-Мен фоҳиша эмасман…

-Менга мана шунақа гаплар ёқмайди. Бу ерга келдингми, эркакча гаплашиш керак. Бу ерда ноз кетмайди. Сен бу ерга ўзингни сотиш учун келдинг. Бу бизнес. Ҳам сен пул қиласан, ҳам биз. Биз сенга иш топиб берамиз ва шунинг учун ҳақ оламиз. Сен ишлайсан ва ҳам ўзингни ҳақингни оласан, ҳам бизнинг ҳақимизни тўлайсан.

-Мен ўз хоҳишим билан келганим йўқ!

-Биламан, бу ерга ҳеч ким ўз хоҳиши билан келмайди. Кимдир ишсиз қолган. Кимдир болаларини боқолмай қийналган, кимдир қўшниси хориждан пул билан қайтганига ҳавас қилиб келган ва ҳоказо. Хуллас, қулоқ сол. Паспортинг менда туради. Мен сени олиб бориб қўйган жойда яшайсан. Бу ерда икки хил иш бор. Расмий фоҳишахонада кам ҳақ тўлашади. Норасмий жойда эса, кўпроқ ҳақ оласан ва сени текшириб, бола бўлиб қолмаслиги, касалликка йўлиқмаслигинг учун тадбир олишади. Истаранг иссиқ экан. Жазманинг кўп бўлади. Истасанг бир кечада ўттизтасини ишдан чиқаришинг мумкин. Бошингдан пул тўкилади. Бу кеча меникисан. Буниси бепул. Аммо олдин мен сени бир таниш дўхтирга олиб бораман…

Фирдавс ҳам инсонни таҳқирлашда Нодирхондан қолишмас эди. Нилуфарнинг чидашдан бошқа йўли йўқ. Аммо фоҳишахонада барзангидек-барзангидек арабларнинг таҳқирларига чидай олмади ва пайтини пойлаб қочди. Йўлда турган бир миршабнинг ёнига бориб шикоят қилмоқчи бўлди. Тилни билмасанг дунё сенга бегона деганлари рост экан. Миршаб уни олиб келиб мана шу зиндонга ташлади. Бу ерда рус тилини биладиганлар бор экан. Қарийб бир ойдан кейин уни ўзбеклар сақланадиган жойга ўтқазишди. Тўртта ўзбек аёли бор экан.

Улардан бири – Малика. Бешта боланинг онаси. Пул ишлайман, деб бу томонларга келиб қолибди. Нилуфар уларнинг суҳбатига қулоқ тутди.

-Ер ютгурлар чет элдан иш топиб берамиз, бойиб кетасиз, дейишди. Болаларимни овсунимга қўйиб, Холиқбой деган биттасидан қарз олиб буларга бергандим. Унинг фойизини ҳам тўлашим керак, ҳали. Мен қаёқдан билай, бунақа ишлигини. Олиб келиб, барзанги арабларнинг тўшагига ташлашди. Ҳа, ер ютгурлар! Аслида ҳамма айб ўзимизникиларда. Улар бир мири учун онасини ҳам, синглисини ҳам сотадилар. Бўлмаса, мен неча марталаб айтдим, бешта болам бор деб. Ҳеч бўлмаса секингина бу иш сизга бўлмайди деб айтмайдими?

-Опа эрингиз қаерда,-деб сўради Раҳима исмли жувон.

-Эрим ҳам ер ютгур одам чиқмади. Қаердаги диндорларга қўшилибдими-ей, олиб бориб қамашди. Илгари ароқхўр эди. Кейин бирдан мачитга қатнаб қолди. Қандайдир варақа тарқатаётганда ушлашибди. Бешта боласи бор одамга варақа тарқатишга бало борми?

-Эрингиз мана шунақа одамлар ҳақида эшитиб жони ҳалқумига келиб, кураш бошлагандур-да,-деди Лобар деган қиз.

-Булар билан курашиб бўлади-ми? Булар Худонинг балоси. Буларга Худо бас келмаса бандаси ҳеч нарса қила олмайди. Тепасида пошшонинг қизи турган бўлса, буларга кимнинг ҳам тиши ўтарди?

-Ман олдин ҳамма бало Каримовдан келмайди, деб ўйлар эдим. Кейин билсам Каримов ҳам шуларнинг биттаси экан.

-Лекин бунчалик эмас, бешта боласи бор аёлни олиб бориб, барзангидай арабнинг тўшагига ётқизиб, пул ишла, деб Каримов айтмайди-ку? У билиб қолса, буларни жазолаб ташлайди.

-Э, жазоласа қизини жазолар эди. Ана шу бизларни олиб келганларнинг ҳаммаси Дурдонага ишлар экан. Манга Фирдавснинг ўзи айтганди.

-Ҳа, балиқ бошидан сасийди. Қизи қилган ишни отаси билмайдими? Билади. Ё қизидан қўрқади ёки шундай қилишига қўйиб берган. Аммо қиз ўлгурнинг ўзини ҳам Худонинг балоси дейишади. Саккизоёқ каби ўзини ҳамма томонга урган ва сакккиз хил рангда товланиб, ўлжасини емаса қўймас экан…

Нилуфар бу аёларга ҳам раҳми келар, ҳам ҳайрон қолар эди. Негадир улар шундай катта дардни бир четга суриб, ҳангома қилишаётган эдилар. Бу нима? Тақдирга тан беришми? Бўлаётган воқеаларнинг ҳаммаси Худонинг иши деб индамай ўтираверишми? Ахир биттасининг бешта боласи бор экан? Улар нима бўлди, деб ўйламасдан бошқа нарсалар ҳақида гаплашиб ўтирибди. Яна биттаси мактабда ўқитувчи экан. Қандай қилиб болаларнинг юзига қарайман, деб ўйламасдан енгил суҳбатга қовушиб ўтирибди. Балки инсон фитрати шундайдир? Ҳар қандай азобдан устун келиб, энг қийин паллада ҳам ўзини йўқотмасликка ҳаракат қилар?

Йўқ, булар аслида ўша катта дардни тушуниб етмоқдалар ва унинг илдизни изламоқдалар. Майни хумдон узумни, зиндон мардни пишитади, деганлар. Лекин Нилуфар ҳали бу гапларни шунчаки суҳбат деб ўйлар эди.

-Синглим кўп ичикаверманг,-деди аёлардан бири унга.-Биз беш ойдан бери шу ердамиз. Сизга-ку энди бир ой бўлибди. Бизни мамлакатга жўнатиш учун қонун йўқ экан. Яқинда икки мамлакат орасида шунақа шартнома тузилгандан кейин жўнатишар экан. Унгача бошқа йўлимиз йўқ. Худога шукур қилинг, ана у барзангилардан қутулдик. Бу ердагиларнинг ҳаммаси сизга тақдирдош. Ҳаммамиз ифлос тўшакдан қочганлармиз. Пуллари ҳам, ўзлари ҳам зорманда қолишсин. Уларга ҳам Худонинг бир балоси бордур? Ахир тепадан кўриб тургандир? Бир кунмас, бир кун жазоларини берар.

Нилуфарнинг бу аёллардан битта фарқи бор эди. Улар тезроқ уйларига қайтишни истар эдилар. Нилуфар эса қайтмасликни. Ахир қайтиб, қаерга боради? Қаерга? Бутун хорликларни қайта бошдан яшашгами? Ана шу савол унга тинчлик бермасди.

-Бизнинг мамлакатга юборишларига қонун йўқ экан деяпсиз, бошқа жойга ҳам юборишмайдими?-деб сўради бир куни у аёллардан.

-Агар мен бошқа жойданман, деб айтганингизда юборишар эди. Агар бошқа бир мамлакатда қариндошларингиз бўлса, айтсангиз ўша ёққа юборишади. Ҳали ҳам мен ўша ерданман, қўрққанимдан бошқа гап айтган эдим, десангиз буларга нима, сиз ҳужжатсиз бир одамсиз, ишонмасдан иложлари йўқ…

Нилуфар шундан кейин таржимон орқали ўзини асли афғонистонлик ўзбеклардан деб айттирди. Аёллар айтгандек, дарҳол вазият ўзгарди. Уни бошқа зиндонга ташлашди. Энди бу ерда аҳвол ўзгача экан. Кун бўйи аёллар фақат Қуръон ўқишар, тиловат қилишар, суҳбатлари ҳам ҳадислару диний ривоятларни такрорлаш экан. Шу ерда у бир қундузлик аёл билан танишди. Ота бобоси Қашқадарёдан экан. Руслар босиб келган пайтда Аму дарёнинг нариги томонига ўтиб кетишган экан. Кейин руслар Афғонистонга босиб кирганда Фотима исмли бу аёл эри билан Эронга қочиб кетибди. У ердан ҳам қочиб, Ҳолландияга бориб, бошпана олишибди. У ерда бола чақалари бор экан. Эри билан Дубайга келиб тижорат қилишар экан. Эри шу ерда толибончиларга қўшилиб қолибди.

-Толибларнинг орасида Ватандан келганлар ҳам бор экан, жуда кўп экан, оилалари ва болаларини ҳам олиб ўтишган экан…,-деди Фотима.

Фотиманинг эри ишни унга ташлаб, ўзи Афғонистонга кетибди.

-Болаларингиз қаерда?-деб сўради Нилуфар.

-Болалардан куйдик. Биз борган мамлакатда ҳамма нарса бор экану аммо болаларни сақлаб қолиш мумкин эмас экан. Иккита боламиз бор эди. Биттаси дод-войимзига қарамай немисга уйланиб кетди. Хотини ёмон чиқди. Биз билан учраштирмай қўйди. Икинчиси ҳам ўғил эди. У нашаванд бўлиб қолди. Шундан кейин тижоратни баҳона қилиб, бу ерларга келдик. Эрим толибларга қўшилиб кетди. Иши яхши. Ҳозир Кобулда, унга катта иш беришган.

-Сиз нега бу ердасиз?

-Аёл ёлғиз қолмасин экан. Дарҳол бошига бало ёғилади. Биттаси кўз олайтирган эди, қўлимдаги идиш билан уриб юборибман, кўзи озгина лат еди-ю аммо ўзи ер ютгур миршаблардан экан. Зиндонга тиқишди. Ҳолландиядан эканлигимни айтмадим. Афғонистонданман, дедим. Бугун эрта жўнатиб юборишади. Эрим орага кирибди.

-Опажон мени ҳам олиб кетинг, танийман денг, қўшним бўлади, денг…

Икки кун ичида Нилуфар ва Фотима ростдан ҳам опа-сингилдек бўлиб қолдилар. Улар зиндондан чиқиб кетар эканлар, Нилуфар ўзбекистонлик аёллар зиндонига кириб кетаётган эркакларни кўриб қолди, таниди, Олимжон, “лаънати” деб бақирди, аммо товуши чиқмади, ўша томонга югурмоқчи эди, қундузлик ўзбек дунонаси тортиб қолди…

Шу билан Нилуфарнинг Афғонистон ҳаёти бошланди. Фотиманинг эри ҳукуматда ишлаб, собиқ Шўро мамлакатларидан келганлар билан шуғулланар экан. Нилуфар тез орада ўзбекистонликлар билан танишди. Нилуфардаги қасос ҳисси ҳаммани ҳайратга солди. Ҳатто уни жосус қилиб юборишган ҳам деб ўйлашди. Лекин биттаси тўртинчи хотин қилиб олди.

ЎН ТЎРТИНЧИ БОБ

2004 йил, Март

Нилуфар Фотима билан Қундузга келди. Бу ерда Ёсир деган бир йигит билан танишди. У Ўзбекистондан келган жангариларнинг тарихчиси экан. Лекин ногирон бўлгани учун унга диққат қилишмаган. Икки оёғи шал бўлиб қолган. У уйдан чиқмай ётгани учун ҳам ҳеч кимнинг диққатини тортмаган. Аммо билмаган нарсаси йўқ. Нилуфарнинг дунёқаршини ана шу йигит очди. У асли шоир экан. Аввал Авропага кетиб, у ерларда ўзбек шоири деб ном чиқарибди. Кейин тасодифлар туфайли бу ерга келиб жангариларга қўшилибди. Ҳатто ўзбек жангариларининг кураши ҳақида филм ҳам қилган экан.

Ярадор бўлиб оёқлари ишламай қолгач, бир кампирнинг уйида қолиб кетибди ва унинг ҳолидан ҳеч ким хабар ҳам олмабди. Кампир Фотиманинг холаси. Биров сўраса, Ёсирни неварам, Ҳолландияда туғилган, хаста бўлгани учун олиб келганман, дейди.

Ёсир Ўзбекистондаги вазият, Каримов ва унинг атрофидагилар ҳақида Нилуфарга ҳар куни гапириб берар эди.

-Хоразмлик бир кекса холанинг тўрта ўғлини қамаб юборди. Иккитасига отиш ҳукми берди. Гуноҳи-намоз ўқигани. Бечора аёл радиоларда гапира бошлаганди, ўзини ҳам қамаб қўйди…

-Аёлларга раҳми келмайдими?-сўради Нилуфар.

-Тўлаганова деган депутат аёл унга қарши гапирганди. Йўқотиб юборди. Рўзимуродов деган депутатни ҳам ўлдиртирди. Қўқонов, Жўраев деганларини умрбод қамоққа солиб қўйди. Хотин-халажлари нонсиз, пулсиз қолдилар. Минг-минглаб одамларни қамаб ташлади ва аёлларига раҳм қилмади.

-Нега қамайди?

-Қўрқади, ўғри ола ипни ҳам илон деб сакраб қочгани каби у ҳам ҳамма нарсадан қўрқади.

Ҳар кунги ана шундай суҳбатлар Нилуфарнинг юрагидаги нафрат ва қасос ҳиссини кучлантириб юборди. Шу орада Ёсирнинг ҳузурига баъзи одамлар келиб-кета бошладилар. Улардан бири унинг қишлоғидан экан. Иккинчиси эса, хорижда танишган дўсти. Улар Ёсир билан соатлаб гаплашишар эди. Кампир ёки Нилуфар улар ҳақида сўраб қолишса, Ёсир китоби чиқишини ва улар таржимону ношир эканлигини айтарди.

Ростдан ҳам бир кун улар Ёсирнинг шеърлар тўпламини нашр этиб, олиб келишди ва анчагина пул ҳам бериб кетишди. Шундан кейин Ёсир Нилуфарни Ўзбекистонга борадиган одамлар билан таништирди. Улар Нилуфарни худкушликка ўргатишди…

Бир кун йўлга чиқиб, осонгина Тошкентга келишди. Нилуфар ҳеч ҳаяжонланмасди. Қасос олсам, бас, дер эди. Тошкентда бир хонадонда унинг вужудига портлатгичлар тақишди ва бир йигитнинг машинасида йўлга чиқишди. Баҳор кунлари бўлгани учун унинг диққатини гуллаган дарахтлар тортди ва юраги ҳапқириб кетди.

Тиббиёт олийгоҳига қатнаган кунлари кўз олдига келди. Фақат битта орзуси бор эди. У ҳам бўлса оқ халат кийиб юриш. Биринчи марта оқ халат кийган куни шу қадар ҳам севинган эди-ки, гўё бутун дунё унинг мулкига айланганди. Мен энди одамларнинг халоскориман, деб ўйлаганди ўшанда. Хасталарни даволайман, ўлим билан юзма-юз қолганларни қутқариш чораларини кўраман. Одамларнинг дардига малҳам бўламан… Лекин орзуларининг ҳаммаси чил-парчин бўлди. Одамларнинг ҳаётини қутқариш учун йўлга чиқиб, мана энди уларнинг жонини олиш учун бораяпти. Наҳотки ҳаёт инсонни шунчлик тез суратда у қирғоқдан бу қирғоққа улоқтиради. Нима гуноҳ қилдим? Қаерда адашдим? Агар адашган бўлсам, нега йўл кўрсатадиган бўлмади?

Унинг кўзи бирдан бекатдаги болаларга тушди. Бир аёлнинг ҳар томонидан тутиб олишган. Бири этагига осилган, бири қўлидан тутган, яна бири… машина елдек учиб ўтгани учун у яна бирини кўра олмади. Балки у онасининг ортида эди. Болалигини эслади. Доим онасининг ортида юрар эди. Онаси уни эркалатиб “Келаяпсанми, дум” дер эди. Бу гапни онаси айтса, ёқарди. Аммо отаси айтса, негадир жаҳли чиқарди. Бечоралар…. фарзанд катта қилиб, нима олдингиз? Бошқалар-чи? Нега уларнинг бошига ҳам фарзандлари туфайли оламнинг дарди ёғилмоқда?

Президентнинг ўзи ота-оналар болалари учун жавобгар эмас, деб айтган экан. Кейин чиқиб сўзини ўзгартириб, улар жавогар, дебди. Битта одам бутун халқни истагани каби қандай қилиб бошқармоқда? Унинг қудратли кучи борми? Нима учун одамлар унга қарши чиқа олмайдилар? Жонлари шунча ширинми? Мана менга ҳаётнинг қизиғи қолмади. Уларга-чи? Таҳқир, қийноқ ва қийинчиликларга ўрганиб қолдиларми?

Кўзи яна дарахтларга тушди. Гуллаган дарахтларни кўрганда қалбига севинч инарди. Болалигида гуллаган дарахтлар остида қийқириб юрганларини эсларди. Ҳозир эса, дарахт гуллари ўликдек туюлмоқда. Жонсиз гуллар… Аслида гуллар жонли эмас… Агар сен жонли бўлсанг, улар ҳам жонли… сен севинсанг улар ҳам сенга севинч бергандек бўладилар… Аслида эса улар ўлик!

Бирдан унинг кўзи “Марказий универмаг” деган ёзувга тушди. Байрамлар олдидан бувисининг уйига келиб, шу ерда тунаб қоларди. Саҳарлаб универмагга боришарди. Яхши нарса келса одамлар турнақатор бўлишарди. Баъзан нима сотилишини билмасалар ҳам навбатда тураверардилар. Бувисидан “Нима сотишар экан”, деб сўраса, “ Яхши нарса” деган жавоб оларди. Ана шу яхши нарса баъзан савил қолгур нарса бўлиб чиқарди ва кутганлари беҳудага кетарди.

Қаршида Кўкалтош мадрасаси, орқасида Эски Жува бозори. Сал нарида “Болалар дунёси” дўкони. Орқадаги йўлдан тепага кўтарилса, бувисининг уйига боради.

Нилуфарнинг вужудида соғинч, айриқлиқ азоблари камситилиш ва хўрланиш туйғуларига қўшилиб, кўз ёшига айланди. Унинг қачонлардир музга айланган қалби бирдан эриган эди. Қуриб қолган кўзларига бир неча йилдан кейин илк бор намлик инганди. Негадир у машинанинг ичида чўкиб бораётгандек ҳис қилди ўзини. Атрофга аланглаб қараганча, бошидаги ҳижобини пешанасига яқинроқ тортарди. Худди ҳозир ҳамма уни таниб қолиб, “Ана Нилуфар!” деб бақирадигандек бир ҳолатни ҳис қилди.

Шу пайт машина тўхтади ва шофер йигит׃

-Мен ҳозир бир зумга, ана у ерда дўстларим турган экан, бир саломлашиб оламан, кейин айтилган манзилга борамиз,-деб машинани автобус бекатига яқин жойда тўхтатиб, Кўкалтош мадрасаси томонга юрди. У бориб уч киши билан қучоқлашиб кўришди.

Нилуфар уларни таниди. Биттаси Нодирхон. Ёнидагиси Йўлбарс, унинг ёнида эса Алишер… Нилуфарнинг ичидан бир фарёд отилиб, бўғзига тиқилди. Неча йиллик қасоснинг вақти бирдан келиб қолганди. “Худойим, шундай мўъжизалар кўрсатасан-ки, бандаларинг лол қолади!” У кўкрагини сийпалаб тугмачани топди-да, машинадан тушиб, Нодирхонлар турган томонга югура бошлади. Шу пайт бирдан портлаб кетди. Атрофга қон сачради… қип-қизил қон…

-Ахмоқ, асосий тугмача менда эканлигини билмасди,-деди уни олиб келган йигит.

-Бўпти, қолганини кейин гаплашамиз, кетдик,-дея улар “Марказий универмаг” томонга ўтиб, енгил машинага минишди.

Ҳамма ҳар томонга қочар экан, Нодирхон машинани шоҳ йўлга буриб, йигитларга׃

-Каттага айтиб, хориждан текширувчи чақирсак, из чиқмайдими?-деди.

-Паспорти ҳам ёнида. Машинада эса қамоқдан қочирилган мулланинг излари бор, портлатгичлар ҳам нарёқдан келтирилган,-деди улардан бири…

ЎН БЕШИНЧИ БОБ

1992 йил эди. Талабалар шаҳарчасида амалга оширилган амалиёт натижалари ҳақида гаплашиб ўтирар экан Каримов маслаҳатчиси Алимовдан׃

-Янги ташкилотни тузиш қандай кетаяпти,-деб сўради.

-Тошкентда битган, биласиз. Самарқандда ҳам тузиб бўлдик. Ҳозир Наманганда ҳам ишлар ниҳоялаб қолди. Йил охирига қадар Жиззахда ҳам битади…

-Тезлаштирларинг. Номини ҳам ўйлаларинг. Ҳалиги муфти билан Қози айтган гапларни қараб чиқдингми? Тарихда тасдиғи бор эканми?

-Қараб чиқдим. Бор экан.

-Ассасин деган сўз қаердан келган экан?

-Бу ҳашшошийлар дегани экан. Ҳашшошийлар арабчада ҳашиш чекувчилар дегани. Бугунги иборамиз билан гиёҳвандлардир. Бу сўз дунёда ассассинга айланиб, одам ўлдирувчи, суиқасдчи, қотил маъносига келиб қолган. Чунки тарихда исмоилийлар оқимига мансуб яширин тарзда иш олиб борган гуруҳ ҳам Ҳашшошийлар оқими деб билинган. Бу оқим ўн биринчи аср охирларида Эронда исмоилий ҳаракати орасида чиққан низолар ва бўлиниш туфайли пайдо бўлган. Бу оқимнинг асосчиси деб Ҳасан ибн Саббоҳ билинади. У Эроннинг шимолий қисмида Аламут қалъасини бунёд этиб, ўша ерда одам ўлдирувчиларни етиштирган. Уларни “фидойилар” деб атаган. Бугун ҳам худкушлар, қатлиомчилар, одам ўлдирувчи суиқасдчиларни кўпгина мамлакатларда фидойилар дейишади. Ироқда Саддам Ҳусайн пайтида ҳато давлат тизимида фидойилар бошқармаси тузилган…

-Саддамдан бошқаси қўлламаган-ми?

-Қўллаган. Ҳашшошийлар ҳаракати Ливан, Суриядан бошлаб Ҳиндистонга қадар узанган кенгликда сиёсий рақибларни ўлдиришда ҳокимиятлар томонидан қўлланилиб келинган. Ўрта Осиёда қарматлар ҳаракати билан биргаликда иш кўришган.

-Қарматларинг нимаси?

-Бу ҳам исмоилийларнинг битта оқими. Бу деҳқонлар, ҳунармандлар томонидан тузилган. Улар аббосийларга қарши курашишга қадар кўтарилганлар. Улар тенгликни тарғиб қилишган. Ислом одатларига риоя қилмаганлар. Шариатни тан олишмаган. Биз мусулмонмиз, дейишган, аммо мачитлари бўлмаган. Ҳатто Каъбаи мукаррамани, у ердаги тошни ҳам бидъат деб билишган. Улар ҳажга борганларни ушлаб ўлдирганлар. Маккага ҳужум қилиб туришган. Баҳрайнда ўз давлатларини ҳам тузишган. Ҳатто Маккага ҳужум қилиб, у ерги Қора тошни парчалаб, олиб кетганлар. Шундан кейин халқнинг ихлоси қайтган, улардан. Йигирма йилдан кейин қайтариб беришган…

Бизда ҳам бир қатор дин пешволари оддий қашшоқ халқ орасидан етиштирилган ассассинлар орқали ҳукмдорларни назорат қилиб турганлар ёки йўқотганлар. Сарбадорлар қўзғолони ортида ҳам қарматлар тургани айтилади.

-Қарматларингни бир четга қўй. Ассассинлардан гапир!

-Нафақат мусулмон мамлакатлари, балки Авропадаги бир қатор мамлакат раҳбарлари ҳам ҳашшошийлардан қўрқиб, уларга бож тўлаб турганлар. 13-асрда мўғулларнинг юриши пайтида Ҳашшошийлар ҳаракати Эронда бошқарувдан туширилган бўлса-да, кейинчалик ҳам турли мамлакатларда турли кўринишларда яшаган. Ҳатто бугунга қадар ҳам бир қатор давлатларнинг махфий хизматлари бу тажрибани ўзларига курашнинг йўли сифатида қабул қилиб, махфий хизматлар таркибида суиқасдчилар гуруҳларини тузганлар

-Буни СССР пайтида ҳам қўлланишган, шекилли,-деди Каримов.

Маслаҳатчи қўлидаги дафтарни варақлаб, нутқ ирод қилган каби давом этди׃

-1927 йилда Сталин махсус қарор қабул қилган. ОГПУ таркибида шундай гуруҳ тузилган. Дастлаб хорижга қочган машҳур разведкачилар Игнатий Рейс, Валтер Кривицкий ва Георгий Агабеков шу билан йўқотилган. Бу эса мазкур ҳаракатнинг икинчи йўлини очди. Сиёсий душманларни йўқотиш ҳам шу ҳаракатнинг гарданига юкланган. Қочиб кетган генераллар Александр Кутепов ва Евгений Миллерни ушлаб келиб, ўлдиргандан кейин Сталин шахсий рақибларини йўқотиш учун ҳам ассассинларни ишга солган. Украина милллиятчилари Евгений Коновалц, Лев Ребет ва Степан Бандералардан сўнг Троцкий билан давом этган бу иш Ҳафизулло Аминни йўқотишга қадар етиб келди. Эсингизда бўлса бу гуруҳга “Алфа” деб ном беришган.

-“Алфа”… “Ассассин”… бир-бирига яқин номлар…

-Айни усулни Исроил ва Туркия махсус хизматлари ҳам қўлланишган.

-Ленин ва Кировни отишда ҳам шу тажрибага бош урилган бўлиши мумкин,-деди Каримов.-Биз барибир ҳали расмийлаштирмай турайлик. Кейинчалик расмий тус берамиз. Номини топишимиз керак. Балки ҳуқуқ тартибот идораларининг ҳамма ишини шу йўналишда қайта ташкил этармиз. Биз бошқаларнинг тажрибасини ўрганиш билан бирга, ўз шароитимиздан келиб чиқиб, иш қилишимиз керак. Туркиянинг расмий тажрибаси ва миллиятчи ҳаракатларининг узоқ йиллик суиқасд амалиётларини ҳам ўрганиш керак. Туркияга талабаларни ўқишга юборайлик, ёшларнинг зеҳни ўткир бўлади, миллиятчи ҳаракатларга яқинлашиб, бу усулларнинг қандай бажарилишини ўргансинлар. Хуллас, шундай бўлиши керак-ки, бу борада фақат менинг амрим билан иш қилиниши шарт. Ҳатто сен ҳам ташқарида туришинг керак.

-Албатта, биз сизнинг хизматкорингиз ва фақат ишни ташкил қилиб, ўзимиз четда турамиз.

-Четда туриш бўлмайди. Ичида бўласан, аммо амр мендан бўлмагунча ўзбошимчалик қилмайсанлар! Майда-чуйда ишларга аралашмасдан, катта нарсаларни режалаш керак. Беш йилда бир марта бўлса ҳам таъсири ўн йилга қадар фойда берадиган ишлар учун амалиётлар қилиш мумкин.

Орадан йиллар ўтди. Каримов Ҳамидхонни ўз гвардиясига раҳбар қилиб олди.  Бир кун тўсатдан унинг ёзувига кўзи тушди. Жуда таниш ҳуснихат. Дарров Алматовни қидирди ва ўзи саккиз йил асраган хат билан Ҳамидхоннинг ёзувини солиштиришни буюрди.

Ҳамидхон қочиб кетибди, деган гап тарқалди. Каримов ғазаб отига минди. Аммо Алматов яна ҳам муҳимроқ ишни бажараётгани учун унга индамади.

ЎН ОЛТИНЧИ БОБ

2005 йилнинг ё баҳори.  Дурдона отасини қўлга олган ва ҳар куни телевизордан қўшиқ айтар эди.

-Овозингизга маҳлиё бўлдим,-деди унга қўнғироқ қилган Рус махфий хизматининг бошлиғи.

-Раҳмат!  Андижон бўйичами?

-Бунақа гапларни телефонда гаплашманг, жоним!

-Қўрқадиган жойимиз йўқ. Эшитганлар эшитаверсин, замон замон бизнинг замон!

Дурдона шундай деб телефон гўшагини жойига қўйиб, дераза томонга юрди. Урусга катта гапирган бўлса-да негадир кўнгли хира тортди. Отаси кексайиб қолди. Ҳокимият қўлига қўниши мумкин. Аммо уддалай олмаслиги аниқ. Менимча, олдимда икки йўл бўлади. Ё ҳокимиятни қўлга олишим керак, ёки ўз одамларимдан бирига олиб беришим лозим. Лекин икки ҳолда ҳам охири яхшиликка бормайди. Эй, Худо отамга узоқ умр бер!

У ҳали яқиндагина отасининг ўлимини тилар эди. Бирдан унга умр сўрай бошлади. Отам бошқа биттасига топширса-чи? Қаёққа кетаман? Русларни ишга солишдан олдин ана шу саволарга жавоб топишим керак.

Шу пайт қизчаси югуриб келди. Унга қараб Дурдона׃

-Бор бобонгни эркалат, ўлиб қолмасин тағин!-деди.

У ўзи оталиққа олган газетанинг юбилейига бориши кераклигини эслади.

Юбилейни боғда ташкил қилишган экан. Юбилейга боришдан олдин бозорга бориб, одамларнинг ўзига муносабати қандай бўлишини аниқлашни кўнглига туйди.

-Олой бозорига ҳайда,-деди у қўриқчисига машина калитини узатар экан.

-Борадиган жойимиз Бешёғочда-ку..

-Бозордан гул оламиз…

-Ҳадялар тайёр. Уларга оддий гул керак эмас, мана сизнинг ўзингиз улар учун ҳақиқий гул, сизни кўрсалар бошлари осмонга етади…

Хуллас, у бозорга келди. Қўриқчилар унинг ҳаракатларидан шошиб қолишди. Дурдона машинадан тушиб, бозорга қараб бир одим отиши билан атрофини одамлар ўраб олишди.

“Дурдона опа, ҳар кун эшитаяпмиз, жуда зўр! Янгиларини ҳам кутаяпмиз!”

“Қойилман, пошшонинг қизи бўлсангиз ҳам халқнинг орасидасиз!”

“Рухсат беринг. Қўлингизни бир марта ўпай!”

“Айланиб кетай қоқиндик, бўйларингдан айланай, Худойимга шукурлар, сени кўриш насиб этди…”

Одамлар шунақа гапларни топиб айтишарди-ки, четдан қараган одам бу оломон бир неча ой тайёргарликдан ўтган деб ўйларди.

Дурдона бозорни бир айланиб чиққанича икки соат вақт кетди. Одамлар худди ой ерга тушган каби севинар эдилар. У қаёққа юрса, ўша томонга боришарди. Бутун бозорда савдо тўхтаб қолди ва ҳамма Дурдонани кўришга, унга нимадир деб гапиришга, унинг табассумига маҳлиё бўлишга ошиқарди.

“Бизни танқид қилаётганлар мана келиб кўришсин, халқ ким томонида?” деб ўйлади Дурдона ва газетачиларнинг юбилейига келди. У бутун ҳаёти давомида эшитмаган илиқ гапларни ана шу ерда эшитди. Ҳатто унга бағишлаб шеърлар ҳам ёзиб келишибди. Журналистлардан биттаси׃

-Қизимга сизнинг исмингизни қўйдим. Қани оғзига бир тупуриб беринг, у ҳам сизга ўхшаган дунё маликаси бўлсин!-деди.

Дурдона нима қиларини билмай қолди. Шунда Бош муҳаррир унинг ёнига яқинлашиб

-Бу шунчаки одат, тупуриш керак эмас, “туп” десангиз бас,-деди.

Дурдона бу одамлар дунёнинг энг бахтиёр одамлари ва уларни мана шундай бахтиёр қилган бизмиз, деган ҳис билан уйига қайтди. Аммо уйига яқинлашар экан, боласига отасининг исмини қўйганлардан қанчаси ҳозир унга қарши эканлигини эслади. Бунинг устига уйига кирса, қизи Интернет тугмасини босган ва гумбурлаб эшитилаётган қўшиқни тинглаб, рақсга тушарди….

“Бутун кучни халқ ичидан олайлик!…

Қучоқ очиб халқ ичига борайлик…

Халқ денгиздур…..

Халқ-исён…”

“Борамиз! Борамиз! Халқнинг ичига, Андижонда кўрасан буни! Отангни ҳимоя қилган ватани – Американинг Хонободдаги базасини Андижондан туриб учиртираман!”

У худди хаёлини кимдир уқиб турганини сезгандек атрофга аланглади. Ҳеч кимни кўрмади. Аммо бурчакдан Ҳамидхон чиқиб келди. У сесканиб кетди. Кейин “жим” дегандек, қизини кўрсатиб, бармоғини лабига босди. Қўшни хонага ўтдилар. У ерда Каримов ва Москвадан келган меҳмон ўтиришганди.

Саломлашар экан:

-Телефонда гаплашиб бўлмайдиган гапларни мана юзма-юз гаплашаяпмиз,-деди меҳмон.

-Андижонни Алматов билан Ҳамидихонга топширдик, иккаласи эплайди, Ҳамидхонни кечирдим. Хатни эса, Расулбек ёздирган экан… Қолаверса, меҳмоннинг илтимосини ерда қолдирмадик… Сен аралашиб юрмасанг ҳам бўлади,-деди Каримов.

-Хат, қанақа хат?-деди Дурдона.

-Ҳа, сен биласан дебман, билмасмидинг? Володя сенга айтган бўлса керак, деб ўйлабман,-деди Каримов айёрона қараш билан.

Дурдона қизариб кетди ва Володяга разм солди. У  шунчаки бош ирғаб қўйди.

-Бор, қизингга айт, тузукроқ нарса эшитсин,-деди Каримов ва Ҳамидхонга қаради. Ҳамидхон дарҳол конякдан қуйди…

Вашингтон, 2006.

“Сотқин” атрофида баҳс

Ассассин (Тарихий-замонавий роман)

1999ЎН БИРИНЧИ БОБ

1999 йил Феврал

Вазирлар маҳкамасининг мажлиси 15 Феврал кунига белгиланган эди. Амалиёт ҳам шу кунга тайёрланганди. Аммо бирданига Каримов мажлисни 16 Феврал кунига қолдириши ҳаммани шошилтириб қўйди.

Рустам, Отабек ва Қорабой ака ёнма-ён хоналарда ётардилар. Деворлари бир эди, аммо ёнма-ёна эканликларини билмасдилар. Уларга ҳаётнинг қизиғи қолмаган ва фақат интиқом ҳисси билан яшардилар. Қорабой ака йўқ бўлган оиласи ҳаққи қасос олиш умида тонгни кутаётганди. Рустам ҳам ухламаётган ва тезроқ бу зулматли тун битишини истаётганди. Отабек эса “Эшик очилиши билан биринчи бўлиб югуриб чиқаман ва портлатгичлар солинган машинани ўзим бошқариб бориб ҳукуматнинг биносига ураман” деб ўйларди. Continue reading

“Озодлик”: ИАК режими ва Амир Темур

Сиёсий латифалар

aldarkusa Овозлар

-Ким олибди овозларни? Ким ютибди?-деб сўради Алдаркўса маслаҳатчидан.
-Сизда хўжайин. Овозларнинг 90 фойизини ўзингиз олдингиз,-деди маслаҳатчи овозини ичига ютиб.
-Сандан ҳақиқатни сўраяпман, билиб қўйишимиз керак, кимга кўпроқ овоз беришибди?
-Мен ҳам ҳақиқатани айтаяман, хўжайин, 2-3 фойиздан бошқаларга бериб, 90 фойизини ўзингизга олдингизку?
Алдаркўса жаҳл билан столга уриб, овозини кўтарди:
-Сандан сайловдан олдинги гапни эмас, сайловдан кейинги гапни сўраяпман, галварс!

СОТҚИН

-“Сотқин”ни кўрдим, бундан ҳам зўрроқ қилиш мумкин эди,-деди Алдаркўса маслаҳатчига.
-Бирор нарса қўшиш керак бўлса, айтинг, дарҳол тузатамиз.

Continue reading

Ассассин (Тарихий-замонавий роман)

ia3ЎНИНЧИ БОБ

2003 йил

Бирдан Каримовнинг кўзи тиниб, боши айланиб кетди. Кейинги кунларда у ўзини ҳолсиз сезар ва дўхтири берган кучлантирувчи дориларидан ҳам наф сезмаётган эди. Аввалига ичкиликдан деб ўйлади ва бир икки кун ичмай қўйди. Аммо мажолсизлик тинмади. Кейин нашанинг таъсири деб ўйлади. Уни ҳам камайтириб кўрди. Бўлмади. Балки кўп ишлаяпман, дея бир неча кун ишга чиқмай, дала ҳовлида қолди.
Бирдан ёдига Сталиннинг дўхтирлардан шубаҳа қилгани тушди. Балки бу гапда жон бордир? Агар бир гап бўлмаса, нега бу қадар ҳолсизман? Нега дўхтирларим сабабини топа олмаяптилар? Ёки билсалар ҳам мендан яширмоқдаларми?
Мана энди яна боши айланиб, кўзи тиниб кетди. Хайриятки, бу ҳол халқнинг кўз олдида юз бермади. Аммо мана булар сезиб қолишди. Ҳатто Алматов билан Иноятов икки томондан келиб қўлтиғимга киришди. Балки буларнинг дўхтирлар билан тили бир бўлса-чи? Continue reading

Ассассин (Тарихий-замонавий роман)

almatovТЎҚҚИЗИНЧИ БОБ

1998 йилнинг охири

Янги йил байрамидан бир кун олдин Миртемирга Америкада узоқ йиллардан бери яшаётган Чол телефон қилди. Миртемир Америкага ҳали яқинда келгани учун Чолни унча яхши билмас эди. Аммо ҳамма Чол ҳақида гапирарди. Ҳеч ким унинг номини айтмас, ҳамма уни Чол дер эди.
Кимдир уни ҳар қандай ишни уддасидан чиқа олади, деса яна кимдир ҳар қандай одамга ҳар қандай тўҳматни қилишдан қайтмайди, жуда кўп одамни қон қақшатган дер эди. Миртемир узоқ йиллардан бери мухолифатда. Туркияда эканлигида Ўзбекистон газеталаридан бирида Чол ҳақида танқидий мақола чиқди. Шунда радиодан телефон қилиб, Миртемирдан мазкур мақолага фикр сўрашди. У бундай мақолалар қандай тайёрланиши ҳақида гапириб берди. Кўп ўтмай Чолдан миннатдорчилик мактуби олди. Орқасидан эса Чолнинг Каримовга қарши иш қилмагани ҳақида ёзган очиқ хатини ўқиди. Continue reading

Ассассин (Тарихий-замонавий роман)

1999САККИЗИНЧИ БОБ

1998 йилнинг охири

Олимжон Нилуфар билан бўлган воқеаларни видеога ёзиб олган бўлсада, бошлиғига “Ҳали тайёр эмас” деб айтганидан ўзи қўрқиб кетди. Чунки видео ишлаб турганидан Хатича холанинг хабари бор ва ундан билиб қолсалар шунча қилган дуо-саломлари пучга кетиши мумкин. Шу боис дарҳол йўлга чиқишга қарор қилди. Агар билишган тақдирда ҳам телефонга ишонмадим дейди.
-Мен тезликда марказга бориб-келишим керак!-деди у Нилуфарга.
-Йўқ,- дея Нилуфар унинг бўйнига осилди.
Олимжон Нилуфарни қайтадан тўшакка йиқитди ва сўнг бир зум ташқарига чиққан бўлиб ведеоёзув тугмасини босиб қайтди. Бу сафаргиси ҳар эҳтимолга қарши деб ўйлади у.
-Алишер ишни катталаштириб юборибди, мени қидириш кучайтирилибди, марказда бир танишим бор ва унга иккаламизга паспорт тайёрлаб беришни илтимос қилдим,-деди Олимжон.-Тезда бу ерлардан кетмасак бўлмайди. Continue reading