Jahongir Muhammad: Karimovning kirdikorlari

jahongir.jpg KARIMOVNING KIRDIKORLARI

1.”MACHCHOYI”LAR

Tojikistonda bir guruh O’zbek mardikorlari qo’lga olinib, g’ayriqoniy muhojirlar sifatida O’zbekistonga deportatsiya qilindi.( Xabarlar oqimidan).

Bolaligimda “machchoyi” degan so’zni ko’p eshitardim.

“Machchoyi kelibdi, o’tin yormoqda!”

“Machchoyi kelibdi, hojatxona uchun chuqur qazimoqda!”

“Machchoyi kelibdi, g’isht to’kmoqda!”

Mardikorni “machchoyi” deganlariga e’tibor qilmasdim. Chunki u paytda mardikor deganini ham unchalik tushunmas edim-da. Rahmatli buvim juda rahmdil ayol edilar. Bir burda non qolsa ham buni “machchoyiga beramiz” deb olib qo’yardilar. Eski kiyimlar, ishlatilgan idish tovoqlarni ham machchoyi olib, boshini egib, rahmat aytib ketardi.

-Bechoralarning ishi yo’q, yo’liga qaragan qancha bola-chaqasi bor, o’ying kuygur Moskop shularga ham ish bersa bo’ladi-ku! Biz tutgan pillani ular tuta olmaydilarmi?!- deb buvim achinar edilar.

Shundan mening ko’z oldimda machchoyi degani o’ta g’arib, bir burda qotgan nonga ham zor odam bo’lib qolgan.

Keyinchalik bildim-ki, asosan Tojikistonning Maschoh va Panjakent mintaqalaridan kelgan kishilar Samarqandda mardikorlik qilishar ekan. Shundan mardikor kalimasi “machchoyi”ga aylangan ekan.

Mana endi Karimov o’zbeklarni “machchoyi”ga aylantirdi.

2. “UZBEKI”

O’zbeklar Moskvada va Isroilda hojatxonlarni tozalashmoqda va bundan xursand.(Xabarlar oqimidan).

Bolaligimda hamma joyda oyoq kiyimlarini tozalovchilarni “jugutlar” deyishardi va hojatxonlarni tozalovchilarni “ivan”lar. Bolalar hatto o’zaro janjallashib qolganda bir-birini kamsitish uchun “jugut” yoki “ivan” deb so’kishardi.

Keyin bilsam, oyoq kiyimlarini tozalash bilan asosan yahudiylar shug’ullanishar va qolgan barcha “iflos” ishlarni “ivanlar” bajarishar hamda evaziga bir shisha araqni olib, xursand bo’lishar ekan.

“Bechora jugutlarga qiyin, vatanlaridan ayrilib bevatan qolishgan, har qanday qora ishni indamay bajarishadi” deyishardi achinish bilan yahudiylar haqida.

“Ivanning bola chaqasi urisiyatda qolgan. O’zi bu erlarda sarson-sargardon. Alamini araqdan oladi, kun bo’yi ishlab, bir shisha araqqa qulluq qiladi. Sho’ring qursin, urusvoy” deganlarini eshitganman.

Mana endi shu gapni o’zbeklar haqida ruslar va yahudiylar aytishmoqda. Endi achinish navbati ularda. Endi ularning jargonida “uzbeki” degan gap paydo bo’ldi.

Ana shu “uzbeki”ning biridan so’rashibdi:

-Shu iflos ishni qilar ekansiz, bunday ish O’zbekistonda ham to’lib yotibdi-ku?

Javob esa quyidagicha bo’libdi.

-O’zbekistonda sizni “ToshMI” (Toshkent mardikorlar istansasi)dan Karimovning kuchuklari ushlab olib ketadi, qamab qo’yadi, keyin uyidagi hojatxonasini tozalatadi, innankeyin bo’yningizga jarimani ilib, orqangizga tepa-tepa uyingizga jo’natadi! Urus ulardan ming marta yaxshi! Jugut esa ikki ming marta!

3.QULLAR

“Qozog’istonda o’zbeklar qul qilib ishlatilmoqda. Ularga past nazar bilan qaraydilar va haqlarida ko’plab latifalar to’qilgan.(Xabarlar oqimidan).

Bir kuni Rashidov Olmaotaga borganda hojatxonada qo’lini yuvarkan yordamchisiga:

-Ehtiyot bo’lib tur, bir kor-hol yuz bersa, juda ustalik bilan, obrazli qilib ayt, bo’lmasa kulgiga qolishimiz mumkin,- debdi.

Keyin Kunaev Rashidovni beshmarmoq bilan ziyofat qilib, ortidan palov buyuribdi. Palov eb turgan Rashidovning labida bitta guruch qolganini ko’rgan yordamchisi:

-Xo’jayin boqqa bulbul qo’ndi,-debdi.

Nuktafahm Rashidov darhol sochiqni olib, lab-lunjini artibdi.

Ko’p o’tmay Toshkentga kelgan Kunaev hojatxonada qo’lini yuvarkan, yordamchisini ogohlantirib qo’yibdi.

Ular osh eb o’tirganlarida Kunaevning labida bitta guruch qolibdi, shunda uning yordamchisi:

-O’dag’asi, o’dag’asi, tualetta aytg’aningiz o’ldi!-degan ekan “madaniyatli” qilib.

Mana endi hatto latifalar ham teskari aylandi .

“Bir kuni Karimov, Nazarboev va Rahmonov o’zlarini maqtash bo’yicha poygaga kiribdilar:

-Men Andijonda revolyutsionerlarni qirib tashlab, xalqimni demokratlar kelishidan qutqarib qoldim,- deya maqtanibdi Karimov.

-Men Pomir tog’idagi muzlikning ustiga kul sepib xalqimni suv toshqinidan asrab turibman,-debdi Rahmonov.

-Ilgari qozoqlar Kelesda, Qo’yliqda mardikor edilar. Mana endi har bir qozoqning uyiga bittadan o’zbekni bog’lab qo’ydim. Bu bilan ham xalqimga, ham Karimovga yaxshilik qilayapman,- debdi Nazarboev. Keyin Rahmonovning qulog’iga pichirlabdi:

-Shu ketishda bu tentakning o’zini ham eshagimning qozig’iga bog’layman!

Bular latifalar. Ammo latifa bilan haqiqatning farqi bo’lmagan davrdagi latifalar bu.

Shulardan keyin ham O’zbekning Erkin Vohidov, Abdulla Oripovlari … va muxolifatga tinmay tosh otayotgan Chori Latipovlari bor ekan, uning ko’rgiliklari hali beri kamaymaydigan ko’rinadi.

O’tkinchi mansab uchun,

Onasin tortiq etgan.

Magar bu chin emas chin,

Bundan ne ortiq etgan?

Nom berdilar “Chori” deb,

Yanglishdilar, cho’ridir.

“Mahalla”da to’y-to’ylab,

Haqiqatning go’ridir.

“Qo’y” desam gar dod solding,

Magar, itsan, talayver!

Elni titar qozonning

Ostiga o’t qalayver.

Hayvon va ham odamzot,

Tangri uchun teng maxluq.

Sen bariga bo’lding yot,

Shaytonga qilib qulluq.

Minganing bu faytonning,

Bir kun baytali tolar.

O’shanda ul shaytonning,

Ishtoni senga qolar.

4.NATASHALAR

Hindistonning Dehli shahrida bir guruh o’zbek fohishlari qamoqqa olindi. (Xabarlar oqimidan).

1982 yilda yosh jurnalistlar guruhida Avropa bo’ylab sayohatga chiqqandik. Guruhimizda SSSRning har burchidan ja’mi 47 kishi bor edi. Shundan 30 nafari qizlar edi. Ularning ko’pchiligini ruslar yoki rustilli qizlar tashkil qilardi.

Ruminiya, Polsha, Chexoslovakiya (o’sha paytdagi nomi-JM), Vengriya va ikki Olmoniyaning qaerida bo’lmaylik, rus qizlariga murojat qilganlar׃

-Natasha?-der edilar.

Oradan olti yil yil o’tib, yana yozgan tanqidiy va tahliliy maqolalarim uchun jurnalistlar uyushmasining g’olibi sifatida bir guruh yosh jurnalistlar bilan Turkiyaga bordik. Har ikki holda ham safarni SSSR Jurnalistlar uyushmasi tashkil qilgani bois hay’atda ko’pchilik ruslardan iborat edi.

O’rta Osiyo jumhuriyatlaridan bir kishidan, Kavkaz jumhuriyatlaridan ikki kishidan olingandi. Ozarbayjondan borgan jurnalist qiz guruhdan qochib ketib, Turkiyadan siyosiy boshpana so’ragandi. Gap bu haqda emas. Gap shundaki, bu erda ham rus qizlariga׃

-Natasha,-deb murojaat qilishardi.

“Natasha” degani fohisha degan ma’noga kelib qolgan ekan.

SSSRning oxirgi yillarida iqtisodiy qiyinchiliklar kuchayib ketgandi. Bu esa rus qizlarini Avropa bo’ylab buzuqlikka boshlagandi. Ular fohishalik-pul topishning osonroq yo’li deb bilgan bo’lsalar kerak-ki o’zlarini sotuvga qo’ygandilar. Butun dunyoni “Natashalar” bosgandi. Ammo o’sha paytda birorta o’zbek qizi ularga qo’shilgani haqida xabar bir yoqda tursin, mish-mish ham eshitmaganmiz.

Bugunchi? Bugunga kelib o’zbek qizlari buzuqchilik uchun bormagan mamlakatning o’zi qolmadi. G’arbdagi aksar yalang’och o’ynaladigan salonlarning raqqosalari ham o’zbekistonlik qizlar. O’zini sotganlar Dubaydan Koreyaga qadar… mana endi Hindistonga ham etib borishibdi.

Ularni ma’naviy buzuqlikda istaganingizcha ayblashingiz mumkin. Zotan shunday ham bo’lmoqda. Lekin ularni shu kuyga solgan sababni esa aytmayapmiz. Bu axir Karimovning, uning qizi Gulnoraning kirdikori-ku?! Ularning “o’zbek fohishlari” oqimini yaratishgani har voqea bilan barobar eslanishi kerak.

Ammo yana bir parallelga diqqat tortmoqchiman. SSSR yiqilib ketishidan oldin rus qizlari dunyoning “Natashlari”ga aylangandilar. Balki bugun o’zbek qizlari “Natashalar”ning o’rnini egallagani bu ham nimaningdir belgisidir? Nahotki, O’zbekiston degan davlat xotiraga aylanadi? Xudo saqlasin!

Balki, bu – rejimning intihosidan darak? Bunga esa ishonish qiyin. Chunki Karimov rejimni ham fohishaga aylantirdi. Bu fohisha undan keyin keladigan kuchlarning ham to’shagida yotaverishi mumkin

5.QAMOQDA CHIRITISH

“O’zbekistonda o’n minglab odamlar qamoqlarda abadiy saqlanmoqda. (Xabarlar oqimidan).

Maktabda o’qirdik. Yozda g’isht to’kib, besh-to’rt so’m pul qilmoqchi bo’ldik. Sinfdoshim Qahhor va bizdan bir sinf keyinda o’qiydigan Qosim degan yigitlar bilan birga Samarqand-Panjakent yo’lida, Registondan ikki kilometr uzoqlikda bir kishining endi qurilayotgan uyida ish boshladik.

Ishimiz tugay deb qolganda uy egasi O’zbekiston Ichki ishlar vaziri Haydar Yahyoevning ukasi ekanligini bildik. Gapning ochig’i, Haydar Yahyoev degan odamning o’zi kimligini bilmas edik. Ammo uyga kelib, bizlar vazirning ukasinikida ishlayotganimizni aytib, maqtangandim, dadam׃

-Yig’ishtir bu ishni,- dedilar.

Hayron bo’ldim.

-Hayron bo’lma, nima, qamoqda chirib ketmoqchimsan, uchchalangni ham pulingni o’zim beraman, bormanglar.

Qahhorning dadasi dadamga amaki o’g’il bo’ladilar. U kishi ham ayni gapni aytibdilar. Qosim ham “Bormas ekanmiz” deb keldi. Biz juda hayron edik. Chunki ishlayotgan joyimiz jannat kabi joy edi. Tushimizga kirmagan taomlar kelib turar, Siyob kolxoz bozoridagilar meva-chevalarning eng sarasini olib kelishardi.

Shularni aytgandim, rahmatli dadam?

-Bular odamlarning xuni evaziga keladi,-dedilar va boshimni silab׃-Hali katta bo’lsang tushunasan!-deb qo’ydilar.

Katta bo’lganimda ham Haydar Yahyoev haqida juda dahshatli gaplar yurardi.

“Kabinetining ostida odamlarni qiynaydigan joy bor ekan, o’tirgan joyidan pastga qarab tomosha qilar ekan…”

“U odamlarni qiynashning yangi usullarini ixtiro qilgan. Masalan, hamma tomoni beton bo’lgan xonada yotgan odamning ustiga mashina bilan axlat to’ka boshlashar va u endi o’laman deganda suv bilan yuvib yuborishar ekan…”

Shunaqa odamning ukasining uyida g’isht to’kish otalarimizga naqadar dahshat bo’lib tuyulganini keyin-keyin his qila boshladim. Keyin Haydar Yahyoevni qamashdi. Vaqt o’tib Karimov uni paxta ishi qurboni deya oqladi.

Darvoqe, Haydar Yahyoev qo’shiqchi shoir ham bo’lgan. Uning she’rlarini kuylamgan qo’shiqchi yo’q edi, ayniqsa, Ortiq Otajonov “boplardi”. Hozir ham uning she’rlari asosidagi qo’shiqlar kuylanmoqda. Uni maqtab turganlar ham bor, xuddi Zokir Almatovni maqtaydiganlar bo’lgani kabi.

…Bir kuni o’zbekning kelgan-ketgan jurnalistlari orasida o’ziga xos iz qoldirgani – Ahmadjon Muxtorov:

-Jahongir, Islom aka sizning chiqishlaringizdan xafa, jim yurmasa “Qamoqda chiritaman”, deb aytdilar,- dedi.

Parvo qilmadim. Ko’p o’tmay ayni gapni Ismoil Jo’rabekov ham aytdi׃

-Uka yoshsiz, biror joyga hokim bo’lib borasizmi?

-Nega birdan hokimlik taklif qilib qoldingiz?

-Jim yurishingiz kerak. Islom akam “Agar jim yurmasa, qamoqda chiritaman”, deyaptilar.

Ko’p o’tmay Karimovning o’zi yuzimga tik qarab, ayni gapni aytdi. Qo’rqitish usuli deb o’yladim.

Bir kuni qashqadaryolik deputat do’stim Murod Jo’raev Karimovnng xonasidan chiqib, yonimga keldi.

-Nima gap?-dedim.

-Menga suiqasd qilganlarni jazolashni talab qilgandim, “Jim yurmasang qamoqda chiritaman”, dedi…

Murod Jo’rev 12 yildan beri qamoqda. Muddati bitdi, deguncha uzaytirib qo’yiladi.

Ayni holni sobiq O’zbekiston xalq deputati Samandar Qo’qonov qismatida ham ko’rish mumkin.

O’zbekning 20- va 21-asrlardagi eng ulug’ adibi Evril Turon-Mamadali Mahmudov ham Karimov “Qamoqda chiritaman” deganlardan biri.

Sanab bitira olmaysiz. 10 mingdan ziyod… balki undan ham ko’p odam bugun Karimovning qamoqlarida. Ular begunoh yotganlari bir tomon, balki ularga berilgan muddat bitishi bilan yana uzaytirib qo’yiladi.

Yaqinda Toshkent diplomatiya oliygohini bitirib, Amerikada mardikorlik qilayotgan bir yigit bilan tanishdim. Bilimli yigit. Undan so’radim׃

-Nahotki mamlakatda sizga ish topilmadi?

U hazin javob qildi׃

-Dadam, “Bolam, tiling yomon, chet ellarga ket, bu erda qolsang Karimov qamoqda chiritadi” dedilar. Shundan keyin bu yoqlarga keldim,-dedi.

6.”QIYNOQLAR QIROLI”

O’zbekistonda mahbuslar qaynoq suvga solib qaynatilmoqda. (Xabarlar oqimidan).

Avropa safari paytida, 1982 yilda Olmoniyaning Veymar shahrida Buxenvald kontslageriga borgandik. Hitler bu erda qariyb oltmish ming odamni saqlagan ekan. O’sha kunlardan ikki “nuqta” yodimda qolgan.

Birinchisi, Hitler kontslagerlarda B-52 gazini qo’llanib, odamlarni o’ldirganini aytishgandi. O’sha paytda O’zbekistonda ayni gaz g’o’zaning bargini tushirishi uchun defoliant sifatida osmondan sepilardi. Bu paytda kasalaxonalar sariq kasalidan aziyat chekanlar bilan to’lib ketardi.

Men deputat bo’lib saylangan Jomboy tumanida onalarning 52 foyizi bu kasallikka uchragandi. Masalani Moskvaga qadar olib chiqqandik. Markaziy televidenieda mening ham ishtirokimda maxsus ko’rsatuv berilgandi. SSSR xalq deputatlarining dastagi bilangina bu gazni qishloq xo’jaligida qo’llanish ta’qiqlangandi.

Lekin “mustaqilik sharofati” – ta’qiq o’z kuchini yo’qotgan va keyinchalik yana qo’llanila boshlabdi.

Yodimda qolgan ikkinchi “nuqta” shuki, Buxenvald 1958 yilda muzey holiga keltirilganda bir keksa odam kelib, 20 yil davomida har kungi sayyohlarga “Hitler qiynoqlar qiroli, u mening o’g’limni ham qiynab o’ldirgan” der ekan.

Unga muzeydan maosh tayinlasalar olmas, ammo har kuni mehmonlarga Hitler haqida gapirishni ham kanda qilmas ekan.

Shu odam Buxenvaldning temir darvozasi yonida o’lib qolgan ekan.

Mazkur voqeani o’ylar ekanman, Hitler-insofsiz, Karimov esa Hitlerdan ham insofsiz, degan fikr xayolimdan o’tadi. Chunki Hitler o’sh odamning o’g’lini qiynab o’ldirib, o’ziga tegmagan ekan. Karimov esa, nafaqat bolasini, balki otasini ham, onasini ham qiynoqqa solmoqda.

“He, buncha Karimov, Karimov deysiz, unda nima ayb? Uning shaxsan o’zi mana bunday qilib qiynaysan, deb o’rgatmaydi-ku?” deguvchi ham topiladi. Podsholar “mana bunday qilasan” deb aytmaydilar. Ishora qiladilar. Ammo Karimov aytadi.

Esingizdami, u televidenie orqali “Ota-onalar qayoqqa qaramoqda, bundan keyin bolasi jinoyat qilgan ota-onadan ham so’raymiz” dedi. Shundan keyin bir aybni kimningdir elkasiga ilish kerak bo’lsa, uning ko’z oldida otasini qiynash yoki onasini zo’rlash uchun kameraga olib kirish odat bo’ldi. Agar endi ham bog’lanish topa olamasaniz, u holda holimizga voy!

Iroqda Abi G’reyib (aslida balki G’aroyib bo’lsa kerak-JM) qamoqxonasida amerikalik bir ayol askar erkak mahbuslarning ustidan “kulgani”, ularni qiynagani butun dunyoning diqqatidan tushmadi. Ayol askarni qamashdi. Lekin bugunga qadar hamma demokratik davlatlarda shu haqda eslanadi. Musulmon davlatlarining matbuoti esa har kuni bu haqda yozadilar, rahbarlari bu haqda tinmay gapiradilar, mullalari ma’ruzani shunday boshlaydilar…

Lekin O’zbekistonda erkak mirshablar ayol mahbuslarni iskanjaga solishlari, izzat-nafslarini, nomuslarini toptashlari dalillar bilan o’rtaga qo’yilsa ham birovning ishi yo’q. Hatto uncha-bunchaga ovozini chiqarmaydigan BMTning vakili borib, bu mamlakat surunkali qiynoqlar o’lkasi ekan, deb qaytsa ham birov pinagini buzmaydi.

Yaqinda (3 Sentyabr, 2006) AQShning “Vashington post” (The Washington post) gazetasida Buyuk Britaniyaning O’zbekistondagi sobiq elchisi Kreg Murrey(Craig Murray)ning kattagina maqolasi chiqdi. U O’zbekstonda mahbuslarni qanday qiynashlari haqida yozgandi. Shunda O’zbekiston bilan yaqindan qiziqadigan amerikalik bir keksa odam׃

-Bu saylov oldi o’yini,-dedi,- hozir butun musulmon matbuoti Iroq masalasida bizni “urmoqda”. Biznikilar kun tartibini o’zgartirish uchun bu maqolani chiqarishgan. Endi butun musulmon dunyosi odamlarni tiriklayin qaynatayotgan Karimovga hujum boshlaydi.

Men kuldim va׃

-Adashasiz…-dedim.

-Ha, o’qiganman,-dedi u.-O’zbekistonda qiynoqning inson bolasi xayoliga keltira olmaydigan turlari bor ekan. Karimovning muxoliflariga u maqtalgan she’rlarni yodlatisharkan. Dindorlarga esa Karimovning kitobiga sajda qilishni buyurarmishlar. Ularni sharmanda qilish uchun uyatli deb bilingan kasalliklarni yuqtirisharkan. Lekin yoshim saksonga etib, tirik odamni qaynoq suvda qaynatishlari haqida eshitmaganman. Bu dahshat-ku! Insoniyat bunga qanday chidashi mumkin?

-Insoniyat chiday olmasligi mumkin, ammo “musulmon davlatlari” deb ataladigan mamlakatlar chidaydilar, chunki ularning o’zida ham ayni hol. Har birida bittadan Karimov o’tiribdi,-dedim.

-Menimcha Karimov ularning qiroli bo’lsa kerak!-dedi chol kinoya bilan.

Bu kinoya ortida “Karimov qiynoqlar qirolidir!” degan gap bor edi.

7. QO’RQUVDA SAQLASH

Zokir Almatov va boshqa sobiq rahbarlar sudga qatnab yuribdilar.(Xabarlar oqimidan).

Ichki ishlar vaziri Zokir Almatov va senator Erkin Vohidovning o’g’ilari tuzgan shirkatlar shohning qizi Gulnora Karimovaning shirkatlari bilan raqobat maydoniga tushib qoladi. Ko’p o’tmay Almatovning o’g’li qonunlarni oyoq osti qilib yurgani haqidagi hisobot Karimovning stoliga qo’yiladi.

O’rtada millionlar aylangani bois va Andijon masalasida fig’oni falak bo’lib yurgan Karimov jahlga minadi, Almatovni qabul qilmay qo’yadi. Ayni paytda Pokistonda elchi bo’lgan Anvar Solihboevni chaqirib׃ “Vazir bo’lasan” deydi.

Karimov qabul qilmayotganidan ko’ngli g’ash Almatov kasalxonaga qatnaydi va “Umurtqasida rak(saraton) o’simtasi topildi” degan tashhiz bilan Moskvaga boradi.

Bu xabar Karimovni jahl otidan tushiradi. Chunki unga “Almatov yaqinda o’lishi mumkin”ligini aytishadi. Doktorlarga ko’ra, umurtqa pog’onasida saraton paydo bo’lmaydi, balki vujudning boshqa joyida paydo bo’lib, umurtqa pog’onasiga tarqalishi mumkin. Bu holni metastaza deyishadi. Bu vaziyatda kasal uzog’i bilan bir oyning ichida olamdan o’tishi mumkin.

Almatov Karimovni yana ham ishontirish uchun Moskvadagi va Berlindagi tanishlari orqali Olmoniyaga ketadi. Oila a’zolarini ham O’zbekistondan olib chiqadi.

Lekin atrofida ko’tarilgan shov-shuv asta-sekin uning foydasiga ishlay boshlaydi. U Karimovga o’zining “muhim odam”ligini ko’rsatadi. Toshkentga xabar yo’llab, o’ziga “Siyosiy boshpana beramiz, demoqdalar” deya aytadi. Bu Karimovni cho’chitib yuboradi va “Nima bo’lsa ham, yo’lini qilib, qaytib kelsin”, deydi.

Almatovni mukofotu tantanlar bilan nafaqaga kuzatishning siri ham ana shunda.

Yangi vazir haqidagi xabar tarqalishini Solihboevdan ko’rgan Karimov Ichki ishlar vazirligidagi generallar nomidan “Bizga MXXdan rahbar qo’ymang” degan iltimosnomani inobatga olgan bo’lib, Bahodir Matlyubovni vazirlikka tayinlaydi.

Oradan vaqt o’tishi bilan Karimov “Almatov tuzalmoqda” degan gapga ishonmay qo’yadi va uning o’g’li haqidagi hisobotni tergovga beradi. Almatov va Vohidovning o’g’illari darhol ushlanadilar. Karimovning “Zokir to’plagan barcha boyliklarini topshirsin!” degani bo’yicha tergov Almatov tomonga buriladi. Hozir u sudga qatnab yuribdi.

Aslida ham Karimov bir yil oldin Almatovni almashtirsa, uni sudga bog’lab qo’yib, to’plagan boyligini tortib olish bilan kifoyalangan bo’lardi. Almatovning o’zini saqlab qolish o’yini bu stsenariyning Karimov tomonidan rejalanmagan qismi bo’ldi, xolos.

Sobiq Bosh vazir va vitse-prezident Shukrullo Mirsaidov, Oliy majlisning sobiq raislari Mirzaolim Ibrohimov, Shavkat Yo’ldoshev, Toshkent shahrining sobiq hokimi Adham Fozilbekovlardan tortib, katta lavozimlarda ishlagan va Karimovga yaqinligi, sodiqligi bilan tanilgan Ismoil Jo’rabekov, O’tkir Sultonov, Mavlon Umurzoqov, Abdusamad Polvonzoda, Po’lat Abdurahmonov, Aziz Nosirov, Ravshan Haydarov, Kozim To’laganov, Qodir G’ulomov va hokazo va hokazo o’nlab sobiq vaziru nozirlar, hokimu hakamlarni Karimov sudga tortib qo’ygan.

O’ldirib o’ldirmaydi, yashatib yashatmaydi.

8. BIRINI BIRIGA YEDIRISH

Mavlon Umurzoqov to’yiga Temur Alimovni taklif qilmabdi.(Xabarlar oqimidan).

Bir kuni Prezident Devonining beshinchi qavatida qiziq holga duch keldim.

Bir kuni Prezident Devonining beshinchi qavatida qiziq holga duch keldim. Koridorning bir tomonidan o’rta bo’ylik, to’lachadan kelgan, kulcha yuzli, istarasi issiq kishi kelmoqda. Unga qarshi tomondan esa ozg’in, ingichka yuzli, istarasi sovuq bir kishi kelmoqda. Ular bir-birlarini ko’rishlari bilan boshlarini egib, qo’llaridagi qog’ozlarni titkilab, nimanidir unutgan odamlardek shoshib ortga qaytib, xonalariga kirdilar. O’rta bo’yligi Mavlon Umurzoqov edi. Ozg’ini esa, Temur Alimov. Men Mavlon akaning huzuriga borayotgandim. Qabulxonasiga kirsam, uning o’zi turibdi. Salom-alikdan so’ng׃

-Ilon yuqoriga ketdimi?-deb so’radi.

Temir Alimovning laqabi “Ilon” edi. Men uning qaytib xonasiga kirganini aytdim.

Yuqorida esa, faqat Karimovning xonasi.

-Kraynovga aytsangiz-ku, navbati bilan chaqirardi,- dedim men Mavlon akaga.

-Kraynov ham har tomonga o’ynaydi. Ba’zan ataylabdan ikkalamizni ham chaqiradi,-dedi u Prezidentning kotibi haqida.

Prezidentning ikki maslahatchisi orasidagi munosabat ana shunday edi. Avvaliga Kraynovni ora buzuvchi, deb o’yladim. Vaqt o’tib, bir kun Karimov bilan uning nutqini ko’rayotgandik, u tugmani bosib, Kraynovga׃

-Ana ularni qabulxonaga chaqirib qo’y, bir-birini cho’qib o’tirsin,-dedi.

Uning huzuridan chiqar ekanman, qabulxonada Umurzoqov, Jo’rabekov va Alimov turganini ko’rdim. Hammasining qovog’i solingan, xuddi qaerdadir falokat yuz berganu ular katta tashvish ostida qolgandek, boshlarini xam qilib o’tirar edilar.

Keyin bilsam, Jo’rabekov bilan Alimovning ham orasi buzuq ekan.

Bir kun Mavlon aka׃

-Bu ablah telefonlarimga qadar eshitadi,-dedi barmog’ini devorga tomon nayzalab.

Tabiiyki, u Alimovning xonasi tomonni ko’rsatayotgan edi. Alimov o’shanda huquq-tartibot sohasini nazorat qilar edi. Mafiyadan tortib, Almatovgacha, MXXdan tortib, Bosh prokurorgacha uning izmida edi.

Kadrlar masalasi esa, Umurzoqov bilan Jo’rabekovning qo’lida.

Karimov ularni bir-biriga dushman qilib qo’yib, hamma gapdan boxabar bo’lib turardi. Umurzoqovdan Alimov haqida hujjat to’plashni so’rasa, Alimovdan Umurzoqov haqida ma’lumot talab qilardi. Keyin bu ma’lumotlarni ularga ko’rsatib׃

-Ko’rdingmi, nima qilib yuribsan? Ana u oshnang olib kelib berdi, undan ehtiyot bo’l,-deya seyfga tashlab qo’yar ekan.

Ana shu ish uslubi Oliy majlis, hukumat idorasi, vazirliklardan tortib, viloyat va tuman hokimliklariga qadar singdirilgan. Karimov hokim va o’rinbosarini tayinlash chog’idayoq ularni bir-biriga dushman qilib qo’yadi.

Bugunga kelib, bu – jamiyatning kasalligiga aylandi. Har ikki kishi bir-biriga dushman. Hatto mamlakatdan chiqib ketib ham bu kasallikning domida yurganlar juda ko’p.

Aslida Karimov bu masalada katta kashfiyot qilgan emas. Balki zehniyatni yaxshi bilib, uni qo’llanib, “kashfiyot”ga aylantirgan…

Bundan bir necha yil oldin “Birlik”ning bahs markazida kimdir mening nomimdan tanishlarimdan birini haqorat qilib yoza boshladi, uning shaxsiy ma’lumotlarini e’lon qildi.

Darhaqiqat, u mendan yordam so’rab, shaxsiy ma’lumotlarini yuborgan edi. Men unga qo’limdan kelgani qadar yordam berdim. Bir kun uning o’zi menga yozgan xatida “Ehtiyot bo’ling, A.(shartli-JM) Sizning adresingizga kirgan shekilli, ikkalamizning yozishmalarimizni umumiy dushmanimizga etkazibdi”, degandi.

A.ning kompyuter ilmi yaxshi edi, lekin elektron pochtalarni ochishiga ishonmadim.

Gap bunda emas. Gap shundaki, haligi tanishimiz o’zi haqidagi ma’lumotlar “Birlik” saytida chiqib ketgach, menga dushmanga aylandi. Mening ustimdan shikoyat, bo’hton yozmagan joyi qolmadi. Oradan bir-ikki yil o’tib, bilsam, haligi tanishim o’zi haqidagi ma’lumotlarni mendan oldinroq yordam so’rab, “umumiy dushmanimiz” degani -B.ga yuborgan ekan. Keyin B. bilan oralari buzilib qolgach, menga murojaat qilgan. Balki yana boshqaga ham yuborgan bo’lishi mumkin. Aslida osmon uzilib, erga tushgan emas. Demoqchimanki, sal narsaga dushmanlashish qonimizda bor.

Bir rivoyat aytishadi. Yildirim Boyazid Avropani bosib olishga shaylangan paytda, 27 mamlakatning rahbari Amir Temurga maktub yo’llab, o’zlarini qaysar Boyaziddan qutqarishni so’rashadi. Temur parvo qilmaydi. Shunda Temurga Boyazidning nomidan bir xat boradi va “Sen cho’loq, menga qarshi bosh ko’tarmoqchimisan, hali?!” deyiladi unda. Ayni paytda boshqa bir xat Yildirimga ham boradi. Unda esa “Sen ko’r, menga qilich o’qtalmoqchimisan, hali?!” deyilgan ekan.

Shundan keyin o’rtada qirg’in boshlanib, dunyoning gardishi boshqa tomonga burilib ketgan ekan.

Bugun ham kimgadir laqabi yoki bir nuqsini aytib, “Seni ko’r” yoki “Seni cho’loq” dedi deb qo’yilsa, bas, bir-birini eb tashlaydi.

O’zbekning ana shu zaif nuqtasidan Karimov va karimovchalar juda ustalik bilan foydalanishmoqda.

…Karimov Alimovga׃

-Mavlon senga “Ilon” deb laqab qo’yibdi…

Karimov Umurzoqovga׃

-Temur senga “Toshbaqa” deb ot qo’yibdi…

Bu hikoya Umurzoqov qamalishi bilan bitdi. Ammo minglab yangi hikoyalar boshlandi va boshlanmoqda!

9.AYG’OQCHIGA AYLANTIRISH

O’zbekistonda xorijdan pul olganlar soliq to’lab-to’lamaganligi yuzasidan tekshirilmoqda.(Xabarlar oqimidan).

1990 yilda Oliy Kengashning Oshkoralik qo’mitasiga rais o’rinbosari etib saylanganimdan keyin Samarqanddan Toshkentga qatnab ishlay boshladim. Menga o’xshab viloyatlardan qatnab ishlayotgan deputatlar ko’p edi. Bizga Vazirlar mahkamasining mehmonxonasidan joy berishdi. Mehmonxona ikkiga bo’lingan ekan. Bir tomonda doimiy yashovchilar uchun kottej shaklida qurilgan bino. Bu erda vazirlar, vazir o’rinbosarlari va boshqa mulozimlar uy olguncha oylab, yillab yashab kelar ekanlar.

Ikkinchi bino odatiy mehmonxona shaklida bo’lib, bu erda vaqtinchalik mehmonlar istiqomat qilishar ekan. Bizga ana shu qismdan joy berishdi. Mazkur binoda oshxona, katta hovuz va sauna ham bor edi.

Biz 10-12 nafar deputat ertalab birgalikda choy ichishga tushganimizda ba’zi vazir yoki vazir o’rinbosarlari bizga yaqinroq o’tirib, suhbatimizga quloq solib turishganini sezish qiyin emasdi. Buni tabiiy hol, deputatlarga qiziqish deb o’ylardim.

Ishdan keyin hovuz bo’yida to’planardik. Sauna qabul qilardik. “IAK” kitobimda yozganimdek, shu kunlarning birida Karimov menga Oliy Kengashdagi gap-so’zlarni o’ziga etkazib turishimni aytgan va bundan xunobim chiqib yurgan edim.

Bir kun, saunada ekanligimizda Karimovning “talabi”ni deputat do’stlarimga aytdim va sessiyada shu haqda gapirmoqchiman, qo’llaysizlarmi, dedim. O’sha paytda “KGB saunadagi suhbatni yoza olmaydi” degan gap bo’lardi. Balki bu joyda KGBning “quloq”lari kuyib ketadi yoki KGBning “quloq”lari issiq joyda ishlamaydi, deb o’ylashgan ham bo’lishlari mumkin.

Qarang-ki, ayni “talab”ni Karimov yakkama-yakka suhbatda boshqalarga ham aytgan ekan. Hammaning iqrori meni sevintirdi. Bu bir-birimizga ishonch belgisi edi.

Ammo ertasidan boshlab hovuz bo’yida to’planadigan vaqt kelganda har kimning bir ishi chiqib qoladigan bo’ldi. Kimdir “uyiga borib kelmoqchi”, kimdir “xasta”, kimdir shahardagi “do’stinikiga o’tib kelishi” kerak va hokazo…

-Jahongir, agar sessiyada shu haqda gapirsangiz, men sizga qarshi chiqishga majbur bo’laman,-dedi deputat Erkin Hojiev.-Bu Vatanga xizmat masalasi, vatanparvarlik imtihoni bu! Istasangiz, hozir Islom aka bilan bog’layman va o’z oramizda gaplashib olamiz.

Birinchi qavatda hukumat telefoni bor edi. U shunday deb meni o’sha tomonga chorladi. Bormadim. Xafa bo’ldim. Demak, bular kelishib, gapni Karimovga etkazgan, deb o’yladim. Shu erdagi deputatlar bilan bir-birma suhbatlarimdan keyin, oradan ancha vaqt o’tib bildimki, o’zaro kelishuv bo’lmagan, ammo hamma bir-biridan cho’chib qolgan ekan. Lekin..

O’shanda Hamza Eshnazarov degan haqiqatparvar deputat

-Juda qiziq ekan. Muhim bir masala bilan borsang, qabul qilmaydi. Men deputat Inomjon Tursunovni Toshkent mehmonxonasida mirshablar do’pposlagani masalasida bir necha marta bordim, Kraynov “U kishi yo’qlar” deb aytdi. Hozir ham har kuni bir marta telefon qilaman, uchrasha olmayman. Lekin falonchi falon ish qilmoqchi, shuni etkazishim kerak, o’zlari shunday topshiriq berganlar, desang darhol qabul qilar ekan. Ba’zi deputatlar shunday deb kirib, boshqa ishlarini ham bajarib yuribdilar,-dedi.

Hamza aka oddiy o’qituvchidan chiqqan to’g’ri so’z odam edi. 7-sessiyada Karimov bizni maxsus tayyorgarlik ko’rib kelganlikda ayblaganda u minbarga chiqib׃

-Mening fikrimcha, prezidentimiz juda to’g’ri gapni gapirdilar, tayyorgarlik ko’rib kelgan bo’lsa kerak deb, tayyorgarliksiz ham kelish mumkin-mi, sessiyaga?-degan edi.

Hamza akaning ogohlantirishidan keyin kuzatsam, ba’zi deputatlar ochiqdan-ochiq borib, bo’layotgan gaplarni aytib berishar ekan. Vazirlar va boshqalar ham shunday qilisharkan.

Shunda mehmonxona oshxonasida vazirlar va vazir o’rinbosarlari bizga yaqinroq o’tirib, suhbatimizga quloq tutganlarining sirini angladim. Jamiyatning hamma joyida ana shunday ayg’oqchilik ish uslubi joriy etilganini ko’ra boshladim.

Muxolifatda bo’lganimda ham majlis yoki suhbatimiz tugashi bilan oradan ko’p o’tmay prezident devonidan telefon qilib, ogohlantirishgan hollari bo’lgan. Ana shundan bo’lsa kerak, bugunga qadar muxolifatdagi har ikki kishi bir-birini ayg’oqchi deb ayblaydi.

Darvoqe, keyinchalik Karimov bu ishni o’z darajasidan MXX va boshqa tashkilotlar darajasiga tushirdi. Hozir endi mahallalarda ham ayg’oqchilik – bozori chaqqon ish.

Bugunga kelib xalqni ayg’oqchiga aylantirishning ming xil yo’llari o’ylab topildi. Muxolifatga yaqin yoki muxolifat orasidagi ishonuvchan soddalarni ham har turli yo’l bilan boshqaradilar.

Mana eng oxirgi misol. Ma’lumki, soliq inspektsiyasi xorijdan pul olganlarning keyingi yillardagi daromadlarini tekshirib chiqmoqda. Yaqini shu idorada ishlaydigan bir odamning ma’lumotiga ko’ra, tekshiruv Andijon voqealaridan oldinroq boshlangan. Tekshiruvchilar soliq to’lanmagan juda katta miqdorlarni aniqlashgan.

Ammo aksar hujjatlarni MXX olib ketgan. Nega olib ketadi? Tabiiyki, tekshirilgan odamlarni o’ziga ishlatish uchun.

Muxolifatga yaqin bo’lgan X.(faktlarni aniq tekshirib chiqish imkoniyati bo’lmagani uchun uning ismini shartli ravishda X. deb oldim-JM) keyingi yillarda xorijdan 78 ming dollar pul olgan ekan. MXX uning bir necha ming dollarga sotib olgan dang’illama hovlisini tekshira boshlagan.

Birdaniga barcha tekshirishlar to’xtab qolgan. Lekin muxolifatning do’sti bo’lib ko’rinib yurgan bu odam birdan muxolifat orasini buzuvchiga aylandi.

Darhaqiqat, mazkur xabarni olmagunimcha uning harakatlari meni taajjubga solib yurgandi. Buni bilib qoldim. Ammo bilmaganlarimiz qancha?

Muxolifatni birlashtirishga urinishimiz bilan shundaylar ishga solinadi, Karimovning va rejimning qonli sirlari haqida yoza boshlashimiz bilan shundaylarga kun tug’adi.

Karimov oz qolsin, butun millatni ayg’oqchiga aylantirdi. Lekin ayg’oqchi bo’lishni sharaf deb bilganlar ham bor.

1994 yilda Turkiyada ta’lim olgan bir talaba O’zbekistonga qaytishi bilan biz haqimizda qariyb bir kitob holida hisobot yozib, MXXga beribdi. Buni qayoqdan bildim? Hayratlanmang. Uning o’zi aytib berdi.

-Bu mening Vatanga xizmat qilish tushunchamdir,-dedi u yana Turkiyaga kelganda.

Shundan beri uning yuzini ko’rganim emas. Karimovning bu “kashfiyoti” butun millatni ana shunday yuz ko’rmas qilib qo’ymoqda.

10.MADDOHLASHTIRISH

O’zbekistonda maddohlik odamlar ongiga bolalar bog’chalaridan boshlab singdiriladi. (Xabarlar oqimidan).

Talabalik yillarida domlamiz, ToshDU professori Ochil Tog’aev “Taniqli qarindoshlaringizdan biri haqida ocherk yozib kelinglar” deb vazifa berdi.

O’ylay-o’ylay Zohid tog’am haqida yozishga qaror qildim. Aslida Zohid tog’am dadamga xolao’g’il. Dadam “tog’a” deganlari uchun biz ham tog’a derdik. Ammo faqat to’y-ma’rakalarda ko’rganim uchun u kishi haqida tayinli bir narsa bilmasdim. Yozolmadim. Keyin Toshkentdan Samarqandga bordim. Tog’am-Zohid Narziqulovning kafedrasiga bordim. Rahmatli juda ko’ngli ochiq, shirinsuxan, voqealarga inqilobiy ko’z bilan qaraydigan odam edilar. O’shanda meni ko’rib quvonib ketdilar:

-Toshkentlarga ketib qolibsiz? Shu erda ham o’qish topilardi,-dedilar.

U kishi hammani sizlab gapirar edilar. Mikrobiologiya sohasida katta olim׃ fan doktori, professor, kafedra mudiri…

U paytda bir talaba uchun bu etishi qiyin bo’lgan manzil edi.

Tog’amning ish joylarida bir qancha shisha-probirkalarda maxsus suv ichiga yangi tug’ilgan ammo, terisi shilib olingan qo’zilar solib qo’yilgan edi.

-Bular ilmiy ishimning davomi,-dedilar mening hayratimni ko’rib. Men esa ilmiy ishlari nima ekanligini ham bilmas ekanman.

-Diabet kasallariga insulin yuborib turishadi. Ana shu insulinni tayyorlashda to’ng’iz hujayralaridan foydalaniladi. Men qo’zining hujayralaridan foydalanish yo’lini ko’rsatdim. Bu iqtisodiy jihatdan ham foydali. Chunki ming-minglab qo’zilar tug’ilishi bilan qorako’l uchun terisi shilib olinib, o’zi tashlab yuboriladi.

Gap bu masalada emas. Gap tog’am hikoyaning davomida aytganlarida:

-Moskvada doktorlik dissertatsiyamni yoqlayotgan kuni bir kishi “Nega KPSS Markaziy Komitetining Bosh sekretari Leonid Ilich Brejnevning bu borada aytgan gaplarini qo’shmadingiz?” deb so’rab qoldi. Hammaning nafasi ichiga tushdi. Men “Hamma kitoblarni ko’rib chiqdim, ammo bu borada ihtibos topolmadim”, dedim. “Bo’lishi mumin emas, u kishi hamma sohada gapirganlar”, dedi haligi kishi. Muhokamadan keyin domlam ziyofatga chaqirdi. Haligi savol bergan odam ham keldi. U meni chetga tortib׃ “Mana buni men o’zim yozib berganman”, – deya Brejnevning mikrobiologiya sohasida aytgan gapini ko’rsatdi. O’sal bo’ldim. O’sha odam KPSS Markaziy Komitetida ishlar ekan. Bundan keyin bir narsa yozganimda Brejnevdan ihtibos keltirishni unutmasligimni tayinladi.

Ruslar bizga qaraganda insofliroq. Lekin qaynukam ilmiy ish qilayotganda maqola yozsa, Toshkentdan “Falonchi odam bu sohaning piri, uning nomini ham mualliflar qatoriga qo’shing”, deyishibdi. Tanimasa ham qo’shibdi. Ammo jurnalda chiqishidan oldin birov olib tashlaganmi, tushib qolganmi, xullas, o’sha “pir” haliga qadar unga yo’l bermayati. Tag’in ocherkingizga buni qo’shmang, u keyin bir umr doktor bo’lolmay qoladi…

Tog’am Moskvada balki bundayroq odamga uchragan bo’lishlari mumkin. Lekin baribir o’sha davr bugungi Karimov davridan beshbattar bo’lmagan. Karimovning davrida bo’lsa edi, tog’amning ilmiy ishi orqaga qaytishi bir tomon, balki uni sen yurtboshining nomini qo’shmading, to’ng’izning o’rniga qo’yning hujayrasini taklif qilding, bu diniy masala, deya Jasliqqa jo’natishgan bo’lishardi…

Karimov hokimiyat teppasiga kelgan paytlarda eng e’tibor bergan narsasi jurnalistlar, yozuvchilar, shoirlar va olimlarni maddohga aylantirish bo’ldi. U ularga katta vazifalar berdi va mukofotlar tarqatib turdi. Vazifa berishdan avval bir narsani yozish haqida topshiriq berardi.

Bir kuni meni teleradio qo’mitasiga rais etib tayinlash haqidagi farmonga qo’l qo’yib:

-Mana chislosi yozilmagan. Hozir borsangiz ish ko’payib ketadi. Shuning uchun oldin bir masala bor, shu bilan shug’ullaning…,- shaklida gapirib, Shukrullo Mirsaidov va xotini Dilbar Mirsaidova haqida hujjatlar to’plangan ikki “delo”ni berdi. Bundan qanday qutulganim va chislosiz farmon natijasi haqida “IAK” da yozganman.

Boshqalarga ham xuddi ana shunday topshiriqlar berardi va ular sadoqatlarini ko’rsatib, bir narsa yozsalargina mansabga o’tardilar.

O’shanda juda ko’p adiblar Karimov haqida biror narsa yozib, katta-katta mansablar ola boshladilar. Keyin u bu borada shug’ullanishni maddoh maslahatchilariga topshirdi.

Maslahatchilar shu qadar usta bo’lib ketdilar-ki, Karimovning dushmanlariga ham uni maqtab asarlar yozdira boshladilar.

Karimovdan nafrat qilganlardan biri adabiyotshunos Ozod Sharafiddinov edi. U bilan Karimovning qilmishlari haqida ko’p gaplashganmiz. Lekin birdaniga u O’zbekiston qahramoni, o’g’li esa Ichki ishlar vazirining o’rinbosari bo’ldi. Aslida birdaniga emas. U Karimov haqida “Prezident” degan kitob yozdi. Kitob 2001 yilda nashr etildi, u 2002 da qahramon unvonini oldi. Karimovga maddohlik-O’zbekiston qahramoni!

Shoira Gulchehra Nurullaeva iborasi bilan aytganda, “Sharafiddinov “maddohizm” kalimasining muallifi” edi. Ammo rahmatli maddohizmning bosh qahramoni, bosh maddohlardan biriga aylantirildi yoki aylandi.

1999 yil fevral voqealaridan keyinoq Erkin Vohidov Karimovga qarata “Sizga otilgan o’q menga tegsin”, degan she’r bilan chiqdi va shu yo’nalishda ko’p narsa yozdi. Avgustga borib, unga ham “O’zbekiston qahramoni” unvoni berildi.

Xuddi ana shunday holni Abdulla Oripov, Said Ahmad, Zikir Muhammadjonov, Tulepbergan Qaipberganov qabi “qahramon”lar faoliyatida ham kuzatish mumkin.

Unvonlar, ordenlar, medallar, mansablar hatto biznes ham faqat va faqat Karimovni maqtagan kishilarga berildi, berilmoqda. Olimlik ham shunday bo’ldi. Karimovni maqtab kitob yozsangiz bas – siz tarix yoki siyosatshunoslik fanlari doktori.

Bolasiga “Islom” deb ism qo’yganlarga gilam tarqatilgani esingizdami?

Bugun endi maktab va oliygohlarda Karimovni maqtamagan talabalar tuzumning dushmanlari ro’yxatiga kiritilib, ular jamiyatdan uzoqlashtirilmoqda.

Yaqinda bir tanishim aytib qoldi:

-Bir kuni bolalar bog’chasga borsam, endi tili chiqqan jajjilarga Karimov haqidagi she’r yodlatilmoqda. Bolamni olib ketmoqchi edim. Ketmadi, “yodladim”, “yodladim” deb baqirdi. Bilsam, kim tez yodlasa, tarbiyachi shokolad berarmish.

Qamoqdan yozilgan bir maktubni o’qidim:

“Karimovdan nafrat qilib, unga qarshi kurashganlarga u madh etilgan she’rlarni yodlatishmoqda…”

Karimovning maddohlashtirish borasidagi “kashfiyoti” bu qadar keng tus olgani haqida o’ylar ekanman, AQSh televideniesida juda mashhur bo’lib ketgan “Qamoqdan qochish” ko’p seriyali filmidagi bir manzara ko’z oldimdan o’taveradi׃

Qamoqdan qochgan kishini ushlash uchun uni tuzoqqa tushirib, o’rab oladilar.

-Tiz cho’k!-deb baqiradi unga qurol o’qtalgan mirshab.

-Mening kitobimda faqat Xudoga tiz cho’kish yozilgan, bu atrofda esa Xudoni ko’rmayapman,-deya u quroliga qo’l cho’zadi.

Biladiki, shunday qilsa, uni otishadi…

 

11. BOSHIDAN “DARCHA OCHIB” QO’YISH

O’zbekistonda kaltaklanmagan muxolifat a’zosi qolmadi, hisob. (Xabarlar oqimidan).

1992 yilning 1 Iyul kuni Samarqandda edim. Chunki bir kun oldin opamnikida to’y bor edi va shunga borgandim. Ertasiga esa sessiya bor edi.

Samarqandga borishimdan boshlab, to’yda o’tirganimizda va keyin uyga qaytganimizda ham meni kuzatib yurishdi. Shu bois yaqinlarimdan bir-ikki nafarini uyda olib qoldim.

Nimadir bo’lishini ko’nglim sezayotgandi. Chunki sessiyaga qattiq tayyorgarlik ko’rgan edik va Oliy kengash raisi Shavkat Yo’ldoshevni chetlatib, keyin yangi qo’yilgan raisning yordamida Karimovga ishonchizlik bildirish rejasini tuzgandik.

Ko’p sonli muxolifatchilar shu kuni oliy Kengash binosi oldida miting o’tkazib, tashqaridan turib sessiyaga bosim o’tkazishi kerak edi.

Tabiiyki, hukumat ham tinch turmayotgandi.

Saharlab yo’lga chiqishim kerak edi. Birinchi reysga joy olib qo’ygandim. Ammo kuzatishlarni ko’rib, jiyanlarimdan biriga saharlab soat besh atrofida kelishni va uning mashinasida Toshkentga borishimizni tayinladim. Kuzatishlarni sezganimdan keyin xayolimdan nima bo’lsa ham Toshkentga bormasligim uchun harakat qilishadi, degan gap o’tgandi.

Sahar payti darvozaning darichasini ochib tashqariga bir odim qo’yishim bilan yashil ihotalar orqasida nimadir qimirlaganini sezdim. Darhol orqaga, hovliga qaytib, ichkaridan, deraza muyulishidan o’sha joyga qaradim. Yosh bir yigit darvoza tomonga qarab tiz cho’kib, o’tiribdi. Qo’lida tayyoqchadek qilib o’ralgan gazeta.

Uni ushlashga qaror qildik. Birdan tashqariga otilib chiqib, unga tashlandik. U vahimaga tushib qoldi. Hamma narsasini tashlab qochishga urindi. Men vajohatda unga Ichki ishlar vazirligidan berilgan guvohnomasi bilan ko’ylak cho’ntagini yirtib olibman va qarasam uning badanida ovoz uzatgichlar ham bor. Uni ham uzib oldik.

U qochib, narigi ko’chaning burchagida o’zini kutib turgan mashinga mingancha ko’zdan g’oyib bo’ldi. Men ham turli yo’llarni qo’llanib, Toshkentga etib oldim.

ERK partiyasi binosiga kelsam, matbuot konferentsiyasi bo’layotgan, muxolifat a’zolaridan bir qanchasi kaltaklangan yoki qamoqqa olingan ekan. Men muxbirlarlarning oldiga Ichki ishlar vazirligining 7-boshqarmasida ishlagan shaxs-Izzatdinov nomiga berilgan guvohnoma va ovoz uzatgich jihozlarini qo’ydim.

Voqeani gapirib berib, Oliy kengashga ketdim.

O’shanda Ichki ishlar vaziri Zokir Almatov tentak bo’lib qolayozgandi. U sessiya boshlanmasdan oldin menga yalinib, kechirim so’rab:

-Biz sizga va boshqalarga ham hujum bo’lishi mumkin deya maxsus qo’riqchilar qo’ygandik,-dedi.

Ammo men undan:

-Shunday bo’lsa, nega meni ogohlantirmadingizlar?-deb so’radim.

-To’yingiz bor edi, kayfiyatingizni buzmaylik, dedik-da…

-Lekin kuzatuvchilaringiz to’yda ham o’tirishgandi, biz ularni surishtirsak nega qochib qolishdi?

-Bizdan ruxsat bo’lmasa, sizga ayta olmas edilar…

-Qo’riqlaydigan bo’lsa, darvozaning yonida qo’lida armatura bilan yashirinib o’tiradimi?

-Menga ishonmasangiz, ana Islom akamdan so’rang, u kishining topshiriqlari bu!-dedi sessiya oldidan viloyat rahbarlari bilan gaplashib turgan Karimovni ko’rsatib.

Alamatovning gapi to’g’ri edi. U topshiriqni Karimovdan olgan. Faqat Karimov “Qo’riqlanglar” degan emas, balki “Boshini yorib qo’ylaring” degan. Chunki ayni gapni u sessiyada ham aytdi. “Kerak bo’lsa, ikki yuz, uch yuz kishining kallasidan daricha ochib qo’yish kerak” dedi u.

Shundan keyin muxolifatga aloqasi bo’lganlarni armatura bilan urib ketish odatga aylandi. Nega armatura? Nega boshiga urish? Shu haqda o’ylar ekanman, yodimga 1991 yilgi voqea tushdi.

Bir kuni Karimovning xonasida ekanimizda u telefonda Bosh vazir o’rinbosari Baxtiyor Hamidovni so’ka boshladi

-Kallangdan darcha ochib quydiraman!-dedi u Hamidovga.

1992 yil yozida esa bu gapni sessiyada aytdi. Dildagi tilga keldi.

Bugunga qadar ro’yxatini qilsangiz boshi yorilganlar soni minglardan oshib ketdi. Mustaqillik kelgan kunlardan boshlangan bu tajriba bugun ham davom etmoqda.

12. SIRLI-SIRLI O’LDIRISh

O’zbekistonda rejimga muxolifatda bo’lganlar orasida sirli o’limlar ko’payib bormoqda. (Xabarlar oqimidan).

1970 yillarning boshida Samarqandga viloyat partiya qo’mitasining birinchi kotibi qilib yuborilgan Vladimir Nikolaevich Qodirov (U etimxonda o’sgani uchun unga uruscha nom berishgan-JM) inqilobiy ishlar boshlaydi. Juda qisqa vaqtda poraxo’rlik, talon-taroj, adolatsizlik, haqsizlikning oldi olinadi. Huquq-tartibot sohasidagilar, qassoblaru kazzoblar, savdo xodimlari-yu mafiya qarshilik ko’rsata boshlaydi.

Bu holning ip uchlari viloyatda uzoq yillardan beri ijroqo’m raisi bo’lib ishlayotgan Sindor Hamroqulov(Sharof Rashidovning tog’asi-JM)ga borib taqalayotgani uchun Qodirov u bilan kelishmay qoladi.

Xalq orasida misli ko’rilmagan darajada obro’ qozongan Qodirovni chetlatish maqsadida Hamroqulov uning masalasini Markaziy Komitet byurosi muhokamasiga kiritishga muvaffaq bo’ladi.

Bunda Markaziy Komitetda ishlagan urus og’aynilarni ishga soladi. Ammo Rashidov Qodirovga engil jazo berish va uni ishdan chetlatmaslik kerak, degan nuqtada to’xtaydi.

Lekin byuro majlisidan oldin Qodirovni oshxonaga chaqirishadi. U ovqatlangandan keyin o’zini yomon his qila boshlaydi. Byuroda savollarga javob berolmay holsizlanib qoladi va darhol Samarqandga qaytadi.

Ertasiga ertalab fizkultura qilaman, deb yiqilib qoladi. Uning o’limi sirli o’limga aylanadi.

O’sha kun men Toshkentdan Samarqandga borsam, ko’chalar odamlarga to’lib ketgan. Eski shahardan Aeroport tomonga qarab xalq oqib bormoqda. Hamma bosh eggan va xafa.

“Uni zaharlabdilar…”

Bu gap tez-tez quloqqa chalinardi. Uyga borsam, opamning jajji o’g’ilchasi yugurib keldi׃

-Tog’a, tog’a, Lenin o’libdi,-dedi u.

O’shanda Leninga adolat timsoli deb qaralgani uchun Qodirovni Leninga tenglashtirishgan va bu hatto jajji bolalarning qulog’iga qadar etgan ekan.

Qodirovning nomi afsonaga aylanib ketgandi. Uning qassoblarni qo’lga tushirgani, o’zi taksiga minib, taksichini ushlagani, militsiya xodimiga pora uzatib, qo’lga tushirgani… haqida gaplar quloqdan quloqqa o’tib yurardi.

Bu haqda “Samarqandni titratgan 525 kun” degan kitobda Ahmadjon Muxtorov bilan hammualliflikda batafsil yozganmiz. Bu kitob 1990 yillarning boshida “Qishloq haqiqati” gazetasida ham chop etilgandi.

Qodirovdan keyin Samarqand viloyat partiya komitetining mafkura bo’yicha kotibi Tog’aev, undan keyin savdo idorasi rahbari Sharopov va boshqalar ham sirli ravishda o’ldilar.

Oxir oqibatda Sindor Hamroqulovning o’limi ham sirli o’limga aylandi.

O’zbekiston mustaqil bo’lganidan keyin tarix bularni unutdi. Balki bular unuttirildi.

Men Samarqandni bilganim uchun uning tarixidan bir-ikki misol keltirdim.

Bundan voqealar Toshkentda va boshqa viloyatlarda ham yuz bermagan, deb hech kim ayta olmaydi. Chunki tarix o’rganilmadi, undan xulosa chiqarilmadi. Shuning uchun bu narsalar Karimovga yangi “kashfiyotlar” uchun zamin yaratdi…

1993 yilda bir muddat Turkmanistonda turganimizda Murod Jo’raevning oilasi ham bir necha kun biz bilan turgandi. Shundan uning o’g’lini yaxshi bilaman. Uning ajoyib ovozi bor edi. U mening Amir Temur nomidan yozgan she’rlarimni kuyga solib, qo’shiq qilib ayta boshlagandi. Juda qobiliyatli bola edi. U onasi bilan Muborakka qaytgach, kunlarning birida nafasi bo’g’ilib qoladi. Kasalxonaga olib borishadi. Ammo “Otasi kelsin” degan shart qo’yishadi. Otasi bu paytda Turkiyadan Almatiga borgandi.

O’g’lining o’lim kuni Muborak atrofi o’rab olinib, Murod Jo’raevni poylashgani va chegaralarda uni qidirishgani ham uning o’g’lining o’limi sirli o’lim ekanligini ko’rsatadi. Zotan, 14-15 yoshlardagi qo’ng’iroqdek ovozli yosh bola nafas etmay qolishidan o’lishiga men ishona olmayman.

Buxoroda 90-yillarda “Erk”ning Kogon tumani kotibi Mirzo O’rinov va Jondor tumani kotibi Chuli Xidirovlar 40 yoshga kirmay sirli ravishda o’lib ketgan edilar…

1990 yilarning boshida diniy partiya tuzgan Abdulla O’taev sirli ravishda yo’qolib ketdi.

1994 yilda taniqli ulamo Abduvali qori Toshkent aeroportida sirli ravishda g’oyib bo’ldi.

Karimovga qarshi chiqqan sobiq O’zbekiston xalq deputatlari Shovruq Ro’zimurodov, Toyiba To’laganova, keyin adib Emin Usmon…

Bu ro’yxatni davom ettiraverish mumkin. Qanchadan-qancha yosh yigitlar dindor deya tergovlarda, avaxtalarda yoki ko’cha-kuyda o’lib ketdilar…

Endi sirli o’limlar chegaralarni ham oshmoqda.

Hali Markaziy Osiyo jumhuriyatlarida, hali Rossiyada va mana Amerikada ham…

Andijonlik qochqinlarga “Qaytmanglar” deya ularning orasida targ’ibot olib borgan ikki barvasta yigit – Olimjon Sobirov va Zohidjon Mahmedovlarning o’limi…

Tarix adolatli hukm qilaman desa, bu bedodlikni batafsil tekshirib chiqishi kerak.

Bir rivoyat bor. Devonbegi shohni o’ldirmoqchi bo’lgan kishini yo’qotishni buyuradi. Bundan xabar topgan shoh darhol devonbegini dorga osdiradi.

-Nega bunday qildingiz?-deya so’raydi sevgan xotini.

-Uning o’rnida sen bo’lganingda ham dorga osilarding,-deydi shoh.

-Sizning dushmaningizni yo’qotsam ham-mi?

-Ha! Lekin men buyurgan bo’lsam, mukofot olarding! Men buyurmagan bo’lsam, dorga tortilasan! Chunki bu ishing bilan mening vakolatimga sherik bo’lish istaging borligini sezdirib qo’yasan. Oldini olmasam, bir kun menga qarshi buyruq berishing ham mumkin!

Ha, yakkahokimlik sharoitida hech bir amaldor o’z tashabbusi bilan bunday ishlarga qo’la ura olmaydi. Chunki qilgan ishidan diktator xabar topib qolsa, o’zining ham boshi ketishini biladi.

13.MA’NAN YIQITISH

O’zbekistonda o’zgacha fikrlovchilarni ma’naviy jihatdan ham yiqitish odat tusiga kirgan. (Xabarlar oqimidan).

1980-yillarda O’zbekiston televideniesining Moskvadagi muxbiri bo’lib ishlagan Raimjon Sultonov Sharof Rashidovning so’nggi kunlari haqida shunday hikoya qilgandi׃

-Sharof Rashidovich kutilmaganda O’zbekistonning Moskvadagi vakolatxonasida bir necha kun turib qoldi. Hech kayfiyati yo’q edi. Bilishimcha, har kuni ertalab Andropovning qabulxonasiga telefon qilardi. Keyin u erdan kun bo’yi javob kutardi. Bir hafta ana shunday o’tgandan keyin u qabulga borolmay Toshkentga qaytdi. Aeroportda Hindistonga ketayotgan Haydar Aliev bilan uchrashdi. Keyin Xorazmga bordi. U erdan Qoraqalpog’istonga o’tib, o’sha erda o’lib qoldi…

Islom Karimovga ustozlik qilganlardan biri G’afur G’ulomning kuyovi Qudrat Axmedovdir. 1990 yillarning boshida u Saylov komissiyasining raisi edi. “IAK” da yozganimdek, bir kun Karimov hujjat yurituvchi, asosiy yordamchisi Ravil Abduqodirovga׃

-Ravil, bu qariyani infarktgacha olib bor!-deganiga guvoh bo’lganman.

Shundan keyin Karimov Axmedovni qabul qilmay qo’yadi va u yurak xurujidan vafot etadi…

Mustaqillik deklartsiyasi qabul qilinganda Oliy kengashga rais bo’lgan Mirzaolim Ibrohimov sessiyaning ertasi kuni kabinetida yomonlashib qoldi. Ma’lum bo’lishicha, Karimov telefon qilgandan keyin u yurak xurujiga uchragan…

“Xalq so’zi” gazetasi bosh muharriri Ahmadjon Muxtorovni jurnalistikadan chetlatgan Karimov unga hech qaerdan ish berilmasligini buyurgan. Hayotini jurnalistikasiz tasavvur qila olmaydigan bu odam qiynalib yurib, miyaga qon quyilishidan vafot etdi…

Ubaydulla Abdurazzoqov Karimovga eng astoydil xizmat qilganlardan biri. 1993-1994 yillarda Turkiyada elchi edi. Tashqi ishlar vaziri vazifasidan elchilikka badarg’a qilingandi. Kutilmaganda uni Toshkentga chaqirishdi. Uchqichdan tushishi bilan diplomatik pasportini qo’lidan olib qo’yib, o’zini Tashqi ishlar vazirligiga oddiy bir ishga tayinlashibdi. U Karimov qabuliga kiraman, deb ko’p uringan, ammo qabul qilinmagan. U ham Karimovga chin dildan xizmat qilib ma’nan yiqilib olamdan o’tgan…

Karimovning komandasida bo’lib, keyin ma’nan yiqitilganlarning son-sanog’i yo’q. Ozgina yoqmay qolsa yoki birov bir gap etkazsa tamom, o’sha odam uchun Karimovning eshiklari yopiladi.

Karimov nafaqat o’zining atrofidagilarni balki muxolifatdagilarni ham ma’nan yiqitish choralarini ko’rdi. Ularga ish bermaslik, agar mustaqil ish qilsalar, tinimsiz tekshiraverib tinkalarini quritish, har narsani bahona qilib tergovga tortish… shu yo’llar bilan o’zgacha fikrlovchilarni jamiyatdan, odamlardan uzoqlashtirishga urindi va bunga muvaffaq ham bo’ldi.

O’zgacha fikrlovchilarning o’zlari-ku o’zlari qanchadan-qancha yaqinlari ham ma’nan yiqildilar.

Bizning oilamizga qilingan zug’umlar, umr yo’ldoshimni sudga tortish, doimiy tazyiqlar, ayriliq uqubatlarini ko’tara olmay qaynonam, iste’dodli olima Salomat Qodirova 1995 yilda 58 yoshda yurak xurujidan olamdan o’tdilar.

Muxolifatchilar va rejimdan kuyganlarning ana shunday ma’nan yiqitilgan ota-onalari, qarindoshlari ozmi? Buni o’ylab ham ko’rmaymiz va bunga parvo ham qilmaymiz.

Bu aslida xalqimizning asrlar davomida ma’nan yiqitilgani bilan ham bog’liqdir. Sahroda yalpiz o’sarmi?!

Tayoqqa mansab berib qo’ysangiz, o’shanga ham egilib, salom berishadi.

Xalq haqida yonib-kuyib, mansabidan ayrilgan odamni xalq o’sha kuni tark etadi.

Xalqqa qarshi turib, boylik to’plab, keyin mansabdan ketganlarning esa ziyofatini, oshini eb yuraveradi.

Pul va mansab uning uchun Tangridan ham balandroq turadi. Albatta, so’zda emas, amalda.

Karimov ana shu nuqsdan ustalik bilan foydalandi va foydalanmoqda.

Hech esimdan chiqmaydi, qishloqda kimningdir to’yi edi, to’yni ochish uchun “og’zi katta”lardan biriga so’z berishdi. O’shanda KGBdan chiqqan Andropov SSSRning rahbari bo’lgan payt edi. “Og’zi katta” mamlakatga ana shunday qattiqqo’l rahbar kerakligini aytib, uni uzundan uzoq duo qilishdan gap boshlagandi.

Shunchaki siyosat bo’lsa kerak, deb o’ylagandim. Oradan ko’p o’tmay Andropov o’ldi. Haligi “og’zi katta” uni ko’zda yosh bilan eslab yurdi.

Keyinchlik shu odamning Usmonxo’jaev “latta”, Nishonov “lapashang”, mana Karimovga o’xshagan qattiqo’l rahbar kerak, deganini ham eshitdim.

U menga ham dashnom berib, Karimovga qarshi chiqma, oilada ota mahkam bo’lmasa, bolalar taltayib ketadi, oila barbod bo’ladi, degandi. Yaqinda eshitsam, o’sha “og’zi katta”ning bolalari chet ellarga ketib qolishgan, u bir o’zi g’arib, bechoralikda yashab, o’lganini ham bir necha kundan keyin bilib qolishibdi…

14. SAZOYI QILISH

O’zgacha fikrlovchilarga ular istiqomat qiladigan mahalla, qishloqlarda bosim o’tkazilmoqda.(Xabarlar oqimidan).

Qishloqda uyimizning qarshisida nonvoyxona bor edi. Nonvoyxona juda katta zalning bir burchagini egallagandi. Bu erda ba’zan turli yig’inlar ham o’tkazilardi. Hatto ochiq sudlar ham shu erda bo’lardi. Bir martasida qishloqdagi brigadaning tabelchisini sud qilishdi. U odamlarning soatidan, haqidan urgan ekan. Tekshirish davomida bu ishni bilmasdan qilgani, u tabel yuritishni bilmagani holda tabelchilikni qabul qilganidan kelib chiqqani aniqlangan.

Odamlar baribir undan g’azabda edilar. U o’margan pullaridan bir qismini sudyaga bergan, degan fikrda bo’lganlar ham yo’q emasdi. Sudya tabelchini qamab yubormoqchi edi. Amakim uni jamoatchilik tarbiyasiga berishni so’radilar. Sudya jazoni shartliga almashtirib, hukmni o’qib chiqib ketdi.

Amakimni hamma hurmat qilardi. Oppoq sochlari va oppoq soqollari o’zlariga juda yarashar, gapirganda mantiq bilan so’z yuritar edilar. Odamlar hurmat qilib, amakimni “Rais bobo” der edi. Ilgari kolxozda rais bo’lganlar. Tumanda uzoq yillar bosh zamindor lavozimida ishlaganlar.

Amakim meni juda yaxshi ko’rardilar. Ikkalamiz yaqin do’st edik. Men ham hazillashib “Rais bobo” desam, kulib qo’yardilar.

Odamlar shovqin-suron etib, tabelchini muhokama qila boshladilar. Kimdir uni “Qishloqdan quvish, sazoyi qilish kerak,” deb qoldi. Odamlar shovqin suron qilishar ekan, amakim o’rtaga chiqib, gapira boshladilar׃

-Bir gap aytishdan oldin do’ppini bir chetga olib qo’yib, o’ylab ko’rish kerak. Xo’p, buni sazoyi qilaylik, qishloqdan quvaylik, deyapsizlar. U osmondan tushgan odam emas. Ana qabristonga borib ko’ringlar, otasi, bobosi shu erda yotibdi. Ko’z o’ngimizda o’sdi. Biror marta o’g’irlik qilganini yoki birovning haqini eganini ko’rdik-mi? Yo’q. Otasi halol odam edi. Buni yo shayton yo’ldan urgan yoki o’zi iqror bo’lganidek, adashgan. Biz uni qishloqdan quvib chiqarsak, qaerga boradi? Qaerga borsa ham unga emas, bizga la’nat aytishadi. Bu-masalning bir tomoni. Ikkinchi tomoni esa, u rostdan ham adashgan bo’lsa-chi? U dunyoi bu dunyo gunohkor bo’lmaymizmi? Sud bizga ishondi, biz kafillikka oldik. Kir bo’ldi, deb barmog’ingizni kesib tashlay olmaysiz. Odamlarni sazoyi qilish, qishloqdan quvish vahshiylik davridan qolgan. Bugun uning boshiga tushgan kulfat ertaga boshqaning ham boshiga kelishi mumin. Hammani quvaversak, yakkamoxov bo’lib qolmaymizmi?

Xullas, amakim ancha gapirdilar. Xaloyiq u kishining fikriga qo’shildi. Tabelchi yig’lab yubordi. U qishloqdan quvish haqidagi gapdan yig’lamagandi. Ammo qishloqda qolishini eshitib yig’ladi.

Men amakimning aqlli inson ekanliklaridan g’ururlandim.

“Amerika ovozi” radiosida ishlaganimda bir qancha inson huquqlari faollarini o’z mahallalarida muhokama qilishganini eshitdim. Buni yuqoridagi voqea bilan buni solishtirib bo’lmaydi. U erda o’g’irlikda ayblangan kishini adolat bilan muhokama etishdi. Bu erda el-ulusga adolat istagan insonlarni o’z Vatanidan badarg’a qilish haqida gap borgan.

Xullas, kim Karimovga “Insofli bo’l” desa, u o’sha odamni mahallaberun qilishga intildi.

Bu yaqin yillarning hikoyasi. Ammo Karimov bu ishni 1990 yillarning boshida boshlatgandi.

Bir kun Oshkoralik qo’mitasining kotibi Toyiba To’laganova menga va Erkin Vohidovga:

-Bugun meni mahallada muhokama qilishar ekan. Erkin aka, siz raisimiz va Jahongir aka, siz o’rinbosar sifatida borib, bir narsa demaysizlarmi?-dedi.

-Boramiz,-dedik.

Kechga borib, Erkin akani topolmay qoldim. Har doimgidek, qandaydir shoshilinch ishi chiqib qolgan emish. Oliy Kengashda ishlayotgan deputatlardan bir-ikki nafarini olib, Toyibaning mahallasiga bordik. Majlis maktabning zalida ekan. Asosan chol-kampirlar chaqirilgan va hammasi xafaqon. Men televidenieda chiqib yurganim uchun ba’zilari tanishdi. Majlisni tuman rahbarlaridan biri ochdi va bir keksa odamga so’z berdi. U Toyibani Prezidentga qarshi chiqish uchun saylamaganlari, balki o’zlarining muammolarini hal qilib berish uchun saylaganlarini aytdi. Qolganlar ham ayni gapni takrorlab, so’zni “bunaqa deputat kerak emas”, deganga olib kelishdi.

Shunda rahmatli amakim yodimga tushdilar. Qishloqdagi muhokama haqida gaplashib qolganimizda׃

-O’shanda nega qabriston haqida gapirgan edingiz?-deb so’ragandim.

-Odamlar qabristonga borganda va qabriston haqida o’ylaganda samimiy bo’ladilar,-degan edilar amakim.

Shuni eslab, men ham so’z so’radim. Qabriston haqida bir rivoyatni aytib berdim.

-Qadimda bir shoh yashagan ekan. U qabristonga borishni yomon ko’rar ekan. Yaqinlari o’lganda ham bormas ekan. Bir undan buning sababi so’rashganda u:

-Men umr bo’yi yolg’on gapirdim va yolg’on eshitdim. Otam qabristonga yolg’on bilan kirib bo’lmaydi, kirsang qabr azobiga duchor bo’lasan, derdilar,- debdi…

Chol-kampirlar bu rivoyatdan sergak tortib qoldilar. Keyin men gapni soddalashtirib׃

-Yaqinda maoshlar oshirildi. Unga prezident qo’l qo’ydi. Orqasidan narxlar ham oshdi. Unga prezident o’zi qo’l qo’ymay, Bosh vazirga qo’l qo’ydirdi. O’shanda Toyiba: “Bunaqa o’yinlar qilib yurmasdan maoshlarni bozor narxiga bog’lab qo’yaylik, ayniqsa, pensionerlarning maoshi shunday qilinishi kerak, bozor narxi ko’tarilsa, maosh ham ko’tarilsin” deb aytgani uchun prezidentdan dashnom eshitdi.

Keyin Toyiba׃ “Hukumatning byudjeti shaffof bo’lsin, pul qaerga ketmoqda? Nega yo’llarni ta’mirlashga, mana bu maktablarni ta’mirlashga pul yo’q”, deb so’ragandi yana prezident unga dashnom berdi. So’ng Toyiba׃

“Militsiya, sud qachon adolatli idora bo’ladi? Odamlarning umri shu idoralarning eshigida o’tib ketmoqda”,degandi Prezident׃ “Siz deputatsiz, bizning ijro hukumati nazoratidagi bunday ishlarga aralashmang”,- deb unga dakki berdi. Yana bir kun Toyiba oziq-ovqat talonlari haqida gapirdi:

“Xalqni oziq-ovqat talonlariga bog’lab qo’ydingiz. Lekin odamlarning qo’lida talon bor, magazinda esa yog’ yo’q, paxtani o’zimiz ekamiz, yog’i qaerga ketmoqda?” deb so’ragandi, prezidentga yoqmadi. Boshqa bir kun Toyiba prezidentdan׃

“Siz ham bir kun avtobusda yurib ko’ring, bir marta qassobdan go’sht sotib oling, qishning sovug’ida oddiy odamlar yashayotgan domga kirib ko’ring”, degandi Prezident uni haqorat qildi. Keyin mana bu- mening yonimda o’tirgan rahbarlarni sizlarning uyingizga yuborib, Toyibani muhokama qilish kerak, deb buyurdi. Bor gap shu, dedim.

Zalda g’ala-g’avur boshlandi.

-Nega haqorat qiladi?

-Bizning deputatimiz bizning dardimizni aytibdi, rahmat unga!

-To’g’ri gap, prezidentni o’zi mana bu erga kelib, javob bersin!..

Tuman rahbarlari shoshib qolishdi va majlis deputatning saylovchilar bilan uchrashuvi deb e’lon qilinib, Toyibaning faoliyatini qoniqarli, deb baholash bilan tugadi.

Ikki kundan keyin Karimovning topshirig’i bilan Oliy Kengash raisi qonunlarga xilof ravishda Oshkoralik qo’mitasini yopib qo’ydi. Qo’mita ham sazoyi qilindi.

15.PORA BERIB, PORA OLUVCHIGA AYLANTIRISH

Pul bilan bitmagan ish, ko’p pul bilan bitadi.(Qo’shiqdan).

1980 yillarning oxiriga kelib, jamiyat siyosiy jihatdan uyg’onib qolgandi. Oshkoralik ko’p illatlarning payini qirqa boshlagandi. Odamlar pora berishni ojizlik belgisi, pora olishni esa o’zligini sotish, deb tushuna boshlagandilar.

Qisman erkinlik bo’lgani odamlarni qimirlatib qo’ygan va daromad borligi uchun o’qituvchidan hukumat mulozimiga qadar hamma bugungi kabi umidini poraga tikmagandi.

O’shanda bir kun Karimovning yordamchisi Kraynov telefonda kimgadir:

-Avval Prezident fondiga boring, kelganingizda qo’lingizda kvitantsiyangiz bo’lsin,-deganini eshitib qoldim.

Prezidentning fondi bor ekan-da, deb o’yladim.

Boshqa bir kun Oliy Kengash binosining yonida Jomboy tumaniga hokimlikka nomzod qilib yuborilgan kishini ko’rib qoldim. U Ismoil Jo’rabekovning qabuliga kirolmay qaytayotgan ekan. Unga “Avval ataganingni Prezident fondiga o’tkaz”, deyishibdi. Shundan keyin bu qanaqa fond ekan, deb qiziqib qoldim. Kraynovdan so’rasam׃

-Bunaqa savollarga javob berolmayman, o’zlaridan so’rash kerak,-dedi.

Oliy Kengashning Iqtisod qo’mitasida soliqlar va maoshlar borasida hukumat loyihasiga qarshi tayyorlangan ikki qonun taklifi muhokama qilinayotganda Karimov kirib keldi. Ancha savol-javobga borib qoldik. O’shanda undan׃

-Islom aka, qanaqadir Prezident fondi bor ekan, ishga tayinlangan rahbarlar oldin o’sha fondga pul o’tkazishlari shart qilib qo’yilibdi. Sizning otingiz bilan bog’liq bo’lgani uchun so’rayapman, shundan xabaringiz bormi?-dedim.

Karimov qizarib ketdi. Deputatlar orasida jonlanish paydo bo’ldi. Demak, ularning ham xabarlari bor.

-Sportchilarni rag’batlantirish kerakmi? Sport inshootlari qurish lozim-mi? Prezident biror joyga borsa, hadya olib borishi darkormi?..

Karimov ana shunday savollarni qalashtirib tashladi. Shunda deputlardan biri

-Byudjetda bu narsalarga ham pul ajartilgan-ku! –dedi.

-Siz byudjetni qaerda ko’rdingiz? Byudjetdan xabaringiz bormi o’zi, uka? U erda hamma narsa umumiy qilib yoziladi…

Karimov gapni shu bilan byudjet tomonga burib yubordi va shu haqda uzoq gapirdi. Ammo men Karimov tomonidan rasmiy fond tuzilgani va bu pora olishning yangicha usuli ekanligini angladim. Bu fikrimni boshqalarga ham aytsam, ular ham ayni fikrda ekanlar. Komissiya tuzib, fondni tekshirishga qaror qildik. Karimov deputatlar ijro hokimiyati ishiga aralashmoqda, deb janjal ko’tardi. Oxiri u “Fond masalasini o’zim tekshirib chiqaman”, deb bosdi-bosdi qildi. Uning shunaqa odati bor edi. Masalani orqaga surib-surib, kun tartibidan chiqarib yuborardi.

Karimov uzoq yillar Davlat planlashtiirsh qo’mitasi(“Gosplan”)da ishlagan. Bu idora pora berish va pora olishning markaziga aylangan. 1991 yil oxirida Iqtisod oliygohida bo’lgan saylovoldi uchrashuvida Karimovning o’zi bu haqda aytib qolgandi׃

-Hamma narsa Moskvaga ketadi. Mana men “Gosplan”da ishlaganman, o’zim bilaman, viloyatlardan diplomatga solib, olib kelinadi va “Gosplan”dan diplomat bilan Moskvaga olib boriladi. Bitta diplomatga Lenin bobodan (Lenining surati bo’lgan qizil 10 so’mlikdan-JM) bir millioni (Bir million rubl-JM) sig’adi. O’zim tashiganman. Olib bormasak, hech narsa berishmas edi. Oddiy mexchani planga kiritish uchun ham diplomat olib borishimiz kerak edi.

Ana shunday tajribaga ega bo’lgan Karimov ham 1980 yillarning oxiri va 1990 yillarning boshida ochiq pora olishga qo’rqib qolganki, fond masalasini o’ylab topgan. Fondga pul o’tkazishda har bir lavozimning o’z bahosi bo’lgan. Ammo keyinchalik bu fondning keragi bo’lmay qolgan. Chunki butun jamiyat pora berishga va pora olishga o’rgatildi. Bugunga kelib pora berilmaydigan va pora olinmaydigan joyning o’zi qolmadi. Hatto etarli pul bo’lsa, Karimovning o’zini ham ketgazib beramiz, degan odamlar bor. Shuning uchun ham qiziqchi Mirza “Pul bilan bitmagan ish, ko’-o’-o’-p pul bilan bitadi” deb qo’shiq aytadi-da!

…Universitetda o’qiganimizda Gadoev degan bir domla bo’lardi. Agar kurs starosta(kursboshi)si unga bergan ro’yxatda ismingiz bo’lmasa, hatto savolga javobni kitobdan yodlab kirsangiz ham “Savolni chetlab o’tib ketdingiz-ku”, derdi.

Bir kun uning ana shu gapini eshitib, zachyot ololmay, qo’limdagi telpagimni o’ynatib chiqayotgandim, hazilga o’ch bo’lgan kursdoshim Dilorom Ishoqova kulib׃

-Gursillab yiqilib chiqayapsizmi? Mana shu telpagingizni bersangiz-ku yiqilmasdingiz,-dedi.

Uning o’zi ichkariga kirar ekan׃

-O’zingiz ham yiqilib chiqmang, tag’in,-dedim.

-O’tmasam, mana shu telpakni tashlab chiqaman-da,- dedi u boshidagi qunduz telpagiga ishora qilib.

-Nima, Gadoev ayollarning telpagini ham oladimi?-desam, Dilorom bir narsa demoqchi bo’ldi-yu, kulib, ichkariga kirib ketdi.

Keyin yuqori kursdagilardan eshitsak, uch so’m bersangiz ham, bir so’m bersangiz ham Gadoev indamay olib, zachyot qo’yib berar ekan. Pora olish uning kasalligiga aylangan ekan.

Bugun-chi? Bugun butun o’zbek jamiyati ana shunday vaziyatda. Ismi-jismiga monand Gadoev qamalib ketgandi. Ammo bu jamiyat nima bo’larkin?

16.DUNYONI CHALG’ITISH

O’zbekistonda qabul qilingan qonunlar amalga ko’chmay qoladi.(Xabarlar oqimidan).

1991 yilda O’zbekiston mustaqilligi qonunlashtirilgandan keyin ilk rasmiy hukumat tashrifi Rossiyaga bo’ldi. Hay’atni hukumat rahbari – Vitse prezident Shukrullo Mirsaidov boshqardi. Men hay’at tarkibiga qanday qo’shilganimni haliga qadar bilmayman. Chunki Karimov oxirgi daqiqada mening nomimni o’zi qo’shganini aytgandi. Shukrullo Rahmatovich esa, “Mustaqillik uchun kurashganlardan ham birortasini qo’shaylik”, deb mening nomimni qo’shganiga ishora qilgandi.

Anig’i shu ediki, men Rossiyaga boradigan rasmiy delegatsiyaga qo’shilganimni oxirgi kun bilgandim. Gap bunda emas.

Bizni juda katta tantana bilan kutib olishdi, muzokaralarda Boris Eltsinning o’zi bevosita qatnashdi va oxirida katta ziyofat berdi. Anchagina ichildi. Men Mirsaidovga yaqin o’tirgan edim. Qarshi tomonda o’tirgan Eltsin qo’lida qadahi bilan o’rnidan turib, biz tomonga o’tdi. Shukrullo aka o’rnidan turdi. Biz ham turmoqchi bo’lgandik, Shukrullo aka qo’lini elkamga qo’yib, o’tiravering, ishorasini qildi. Buni ko’rgan boshqalar ham qaytib o’tirishdi.

Eltsin Mirsaidovga:

-Shu o’zingnikini yaxshi bilasan-mi?-dedi.

-Bo’lmasa-chi?

Gap Karimov haqida borayotganini angladik.

-Kecha menga telefon qilib, “Komsomolskaya pravda”da tanqidiy maqola chiqqan, gazetaning tanobini tortib qo’yishga yordam bering, dedi. Men unga biz mustaqilmiz, matbuotimiz ham mustaqil, mana sen ham mustaqilsan, desam ham tushunmadi. Keyin bu mustaqillik qonun bilan mustahkamlanganini aytdim. U bo’lsa, qog’ozdagi gap boshqa, amaldagisi boshqa, dedi. Mana bu – siz bilan imzolaganimiz ham qog’ozda qolmaydimi? Men umuman qonunlarni hurmat qilaman. Lekin u…

Eltsin Shukrullo akani chetga tortib qulog’iga nimadir dedi. Shukrullo aka noqulay vaziyatda qoldi. Eltsinnning gapini biz eshitdik, deb o’yladi, shekilli, boshini egib indamay turaverdi. Lekin biz eshitmagan edik.

Keyin Eltsin aylanib joyiga qaytdi-da: “Qonunlar bajarilish uchun qabul qilinadi, bajarilmasa, qog’ozga aylanadi, qog’ozning o’rni qaerdaligini hammamiz bilamiz”, dedi. Hamma bosh silkib qo’ydi. Hatto mening yonimda o’tirgan Konstitutsiyaviy sud raisi Shavkat O’razaev ham “To’g’ri” degandek bosh qimirlatib qo’ydi.

Xuddi shunga o’xshash vaziyat Ukrainaga borganimizda ham yuz bergan. Qrim turklari haqida ikki tomonlama kelishuv matniga Ukraina tomoni jiddiy o’zgarishlar kiritdi. Biz qarshi bo’ldik va Prezidentning Milliy masalalar bo’yicha maslahatchisi Shoxobiddin Ziyomov Karimovga telefon qildi. Karimov “Rozi bo’laveringlar, qog’ozda qolib ketadi, baribir”, dedi.

Sessiyalar va sessiya oldi majlislarida ko’p guvohi bo’ldim, biror hujjat haqida gap borsa, Karimov׃

-Birinchi galda xalqaro standartlarga mos bo’lsin, keyin o’zimizning sharoitga moslaymiz,-derdi.

Shuning uchun ham o’sha paytda qabul qilingan juda ko’p qonunlar va hatto Konstitutsiyaning ham sirti demokratik dunyo standartlari darajasida edi. Lekin Karimov ikki yuzi bo’lgan qonunchilikni ko’zlagan ekan. Qog’ozda boshqa, amalda boshqa.

Aytishingiz mumkin, butun mamlakatni telefon bilan boshqarib bo’lmaydi, qonun qabul qilingandan keyin ko’p joylarda baribir unga murojaat qilinadi, deb.

Yo’q. Karimov dunyo tarixida bo’lmagan yangilik yaratdi. Har bir qonun qabul qilingandan keyin, mazkur qonun ijrosi haqida hukumatning qarorini chiqarardi. Ana shu qaror parlamentdan chiqqan qonundan ustun bo’ladi. Qarorning bir joyiga “Ushbu hujjat bilan qonun orasidagi tafovutlar hukumatning keyingi qonun loyihalarida inobatga olinsin”, deb qo’shib qo’yiladi. Qonunga ham, bu qarorga ham Karimovning o’zi imzo chekadi.

Karimovning bu qarori barcha idoralarga majburiy tarzda bajarilish uchun yuboriladi. Natijada Parlamentdan chiqqan qonun qog’ozda qolib ketaveradi. Masalan, qonunda “O’zbekistonda tsenzura bekor qilingan” deb 1991 yildayoq yozib qo’yilgan va hukumatning qarorida esa, aksi bo’lgani uchun tsenzura yashayverdi va hokazo.

Karimov bu bilan dunyoni chalg’itishga, dunyoni aldashga urindi va bunga erishdi ham. Haliga qadar ham sodda dunyo O’zbekistonda qabul qilingan ba’zi qonunlarga ishonadi!

Bir kun sessiyada sudlov asoslarini belgilaydigan qonunlar qayta qabul qilinayotgan edi. Men “Bir ayb uchun-bir jazo” printsipiga o’tish taklifini aytdim. Buni Oliy sud raisi Muhammad Bobur Malikov, Bosh prokuror Bo’ritosh Mustafoev va Qonunchilik qo’mitasi raisi Erkin Xalilovlar ham to’g’ri deb topishdi. Hatto Muhammad Bobur Malikovning׃

-Jahongirning taklifi to’g’ri,-degan gapi haliga qadar yodimda.

Oradan bir necha kun o’tgach, hujjat gazetada chiqdi. Qarasam, mening taklifim kiritilmagan.

Oliy Kengash devonining rahbari Omon Olimjonovga (shoir Hamid Olimjonning o’g’li-JM) murojaat qilsam, u shuni ham bilmaysizmi, degandek miyig’ida kulgan bo’lib׃

-Qonun qabul qilindimi, tamom, bizning qo’limizdan chiqadi. Uni Prezident imzolab, matbuotga jo’natadi,-dedi.

-Lekin matbuotga siz jo’natibsiz,-dedim men ba’zi ichki jarayonlardan xabardor ekanligimni ko’rsatib.-Oxirgi tuzatishlar kiritilgan variantni ko’rmoqchiman.

U noqulay vaziyatda qoldi.

-Biz hamma tuzatishlarni kiritib, Prezident devoniga olib borib bergandik…

-Bo’pti, borib, Islom akaning o’zidan so’rayman,-deb chiqib ketdim.

Oradan ko’p o’tmay Omon Hamidovich eshikning yoniga kelib, meni imlab chaqirdi-da xonasiga boshladi.

-Oramizda qolsin. Mana oxirgi variant. Mana sizning taklifingiz. Qo’shilgan. Lekin Islom akam qo’shmabdilar. Ko’nglingizga kelmasin, faqat siznikini emas, boshqalarini ham, avval bir ko’rib chiqinglar, deb qo’shmadilar. Iltimos, shu gap shu erda qolsin,-dedi.

Men oxirgi variantdan nusxa so’radim. Omon Hamidovich “kasal” bo’lib qoldi.

Sessiya stenogrammasini talab qildim va bu gapni sessiyaga olib chiqdim. Lekin stenogramma topilmadi, degan bahona bilan masala yo’qqa chiqarildi. Men televideniening yozuvlarini olib keldim. Karimov shundan keyin׃

-Shu narsa sizga kerak-mi, o’sha qo’shimcha kiritilgan bilan bir narsa o’zgararmidi? Axir siz yurist emas-ku, balki o’sha qo’shimchaning salbiy oqibatlari bo’lishi mumkin. Qo’ying, hammasini o’rganib chiqaylik, kerak bo’lsa, keyin qo’shib qo’yamiz.Taklif aytgan bitta siz emas! Shuncha odam axmoq-mi, ular masalaning shu tomonini tushunadilar, siz nega janjal qilasiz? Axir bu mamlakatning, bu parlamentning, bu qonunlarning obro’yi mening ham obro’yim?!-dedi.

Karimov qonunchilikda ana shunday jinoiy yo’lni tanladi va jinoyat qilishni obro’ deb bildi.

17.QON BILAN QO’RQITISH yoki AKULA

O’zbekiston xalqi ruhiy qo’rquv va depressiyaga yo’liqtirilmoqda.(Xabarlar oqimidan).

Bolaligimda bir kun hovlimizdagi daraxtdan meva tushirish uchun tosh otayotgandik, opam uloqtirgan tosh mening peshonamga urildi. Bir seskanib ketdim. Opamning rangi uchib ketgan, erda o’tirib olib yig’lay boshladi. Mening yuzimdan issiq bir narsa oqqandek bo’ldi. Qo’lim bilan silib qarasam, peshanamdan qon oqayati. Birdan vujudimni qo’rquv bosdi.  Opam qonni ko’rib, qo’rqqanidan yig’lay boshlagan ekan. Men ham opamga qo’shilib yig’lab yubordim.

O’shandan bilamanki, odamda qondan qo’rqish instinkti bor. Balki odam kattalashib borgan sari bu instinkt kuchsizlanib borar. Ammo bolalikda bu juda kuchli bo’ladi. 4-5 yoshlarimdagi o’sha voqea xudi kechagidek yodimda turgani uning ruhiyatga ta’sirini ko’rsatadi. Bu ta’sir shu qadar kuchli bo’lganki, xotira uni bir umrga o’z xazinasiga muhrlagan.

Amerikaga kelganimizdan keyin ba’zi filmlar, televidenie dasturlari oldidan ”Bolalaringizga ko’rsatmang, o’ta qonli joylari bor” deb ogohlantirishganini ko’rdim va demak, qon ko’rinishining inson ruhiyatiga ta’siri asosli  ekaniga inondim.

1990 yillarning boshida har kuni O’zbekiston televideniesida Tojikistonda yuz bergan qonli to’qnashuvlar haqida soatlab dasturlar berilar ekan, vujuddan uzilib ketgan bosh, bir chetga tushib yotgan qo’l, peshanadan sharillab oqayotgan qon tasvirlangan kadrlarni takror va takror ko’rasatishardi. Orqasidan “Bizda ham vaziyatni Tojikistondagi kabi darajaga etkazuvchilar yo’q emas” deyilardi. Keyin Bo’kada, Parkentda yig’layotgan ayollar… Zaminga qorishgan qon..

Bir kun Teleradio qo’mitasi raisi Ganja Yoqubovga׃

-Hech kimni o’ylamasangiz ham bolalarimizni o’ylang, bu dahshatni ko’rib, qo’rqib ketishmoqda,-dedim.

-Agar men sizlarning bolalaringizni o’ylasam, mening bolalarimni kim o’ylaydi?,-deya Ganja aka juda tagdor gap qildi.

Keyin׃

-O’zi ko’rib o’tiradi. Televizorchasini quchoqlab yotadi. “Shu joylarini qayta-qayta ko’rsat!”, deb talab qiladi. Shunda ham ishonmay, har kuni bir-ikki kishini jo’natib nazorat qiladi,-dedi u Karimovni nazarda tutib.

Asli xorazmlik bo’lgan Ganja Yoqubov ko’nglidagini ana shunday ochiq aytib, demokratiyaga, oshkoralikka moyil ekanligini yashirmaydigan odam edi.  Tagdor gaplarning ham ustasi edi. Bir kun men unga׃

-Ganja aka? Siz ham Xorazmdan, bugunning maddohboshisi Erkin Samandarov ham Xorazmdan, bir joydan ham unday, ham bunday odam chiqar ekan-da,-dedim.

U darhol javob qildi.

-Siz ham Samarqandan, u ham…,- Ganja aka barmog’i bilan teppani ko’rsatdi.

-Nima u Xudoga aylandimiki, osmonga ishora qilayasiz?,-dedim.

-Qarab turing, Xudo qolib, unga sig’inamiz hali…

Xullas, qonli kadrlarni har kuni ko’rsatish Karimovning bevosita topshirig’i ekan. Bu bilan u odamlarni qo’rqitib, “Shu kuningga shukur qil, bo’lmasa mana bunaqa kunga qolasan”, degan fikrni kallalarga quyayotgan ekan. Keyinchalik ham qaerda qon to’kilsa, O’zbekiston televideniesi eng dahshatli nuqtalarini boz-boz ko’rsatar va orqasidan bir ikki mulozim va albatta bitta mulla chiqib, tinch yashayotganimizni eslatishardi.

Vaqt o’tishi bilan Tojikistondagi kabi voqealar atrofda yuz bermagach, Karimov o’z tajribasini takomillashtirdi.

1999 yilning 16 fevralida Toshkent shahrida yuz bergan portlashlar haqida Abdusaid Ko’chimov rahnamoligida olingan ikki qismli hujjatli film yodingizdadur? Bir marta arang ko’rasiz. Bu filmni ko’rganlar depressiyaga tushib qoladilar. Shu qadar ko’p qon, shu qadar ko’p ko’z yoshi…

Depressiya-bu odamning ma’nan yaroqsiz bo’lishi, ma’nan bichilishidir. Karimov shu yo’l bilan butun xalqni ma’nan bichib tashlashni rejalagan shekilli, bugunga qadar O’zbekiston atrofidagi davlatlarda yuz bergan voqealarning eng qonli nuqtalarini bot-bot ko’rsatib, odamlarni qon bilan qo’rqitmoqda.

“Ogoh bo’ling”!-degan jarangdor ovoz yangraydi. Orqasidan qon oqaveradi, oqaveradi…Bu nafaqat ko’rsatiladi. Majlislarda aytiladi, gazetalarda yoziladi, hatto qo’shiqlarda yangraydi…

Kecha AQSh televideniesining ilmiy izlanishlar asosida olingan badiiy filmlarni namoyish qiladigan kanali ertalabdan kechgacha akulalar haqidagi filmlarni ko’rsatdi. Akula tashqi ko’rinishdan juda sokin, hujumkorga o’xshamaydi. Ammo qon isini biladi. Yoqtiradi. Qon oqqan joyga etib boradi. Odamlar cho’milayotgan sohilga kelganda esa, birovni tishlab yo oyog’ini, yo qo’lini o’zib ketadi. Suvni  qonga qorishtiradi. Qo’rquv sochadi. Sohildagi odamlar tum-taraqay bo’lib qochadilar. Yozda odamlar okean sohillariga boramiz, deyishsa, bolalari Internetdan o’sha joylarda akula bo’lib bo’lmaganini qidirishadi. Akuladan qo’rqishadi. Chunki  akula deganda har kimning ko’z oldiga qon keladi-da!

18.DEMOKRATIYANI ALABO’JI QILIB KO’RSATISH

Butun dunyo e’tirof etgan qadriyatlar ham O’zbekistonda rad etiladi. (Xabarlar oqimidan).

Yig’lab, uxlamayotgan bolaga “Yot, ana, Alabo’ji kelayati” deb aytilganini eshitmagan odam bo’lmasa kerak. Buning yonida qishloqdagi qo’rqinchli yoki qandaydir qilig’i bilan ovoza bo’lgan bir odamning nomini aytish odati ham uchraydi.

Bizning qishloqda esa “Yot, bo’lmasa, G’ulom Aliev qamatadi” deyishardi. Men G’ulom Aliev kimligini katta bo’lib bildim. “Lenin yo’li” gazetasida fotomuxbir ekan. Badbashara emas. Aksincha kelishgan. Bolalar ko’rganda qo’rqadigan ko’rinishi yo’q. Istarasi issiq. Ammo birov bilan janjallashsa, o’sha odamni hech kechirmas, u bilan hech yarashmas ekan.

Bizning bolalik yillarimizda u qo’shnisi bilan janjallashib, butun qishloqni aylanib, hamma uyga kirib “Otasini ham, o’g’lini ham qamataman” deb aytib chiqqan ekan. U ilgari ham kimni qamataman, desa o’sha odamni qamatar ekan. Lekin bitta qo’shnisi bilan besh-olti yil sudlashib, ularni qamata olmay qolibdi. Shundan keyin qishloqdagilar uni masxara qilib, “Alabo’ji” o’rniga qo’yishgan ekan.

Biz bir necha yil bu odam bilan birga ishladik. Janjal qilganimiz yo’q. Undan yomonlik ham ko’rganim yo’q. Yaqinda bilsam, u 75 yilligini yubiley qilibdi. Yuzga kirsin!

Yubileyidan oldin boshidan o’tganlarni bir kitob qilib yozdirib, Toshkentga olib borib, o’z hisobiga 200 nusxada chop ettirib kelib, qishloqda tarqatibdi. Gap qamata olmagan odamlari haqida ekan. Yana u o’zining ustozi, uni gazetaga ishga olgan, yozish-chizishni o’rgatgan, uy-joyli bo’lishida qo’llab quvvatlagan, ammo Karimovning quvg’iniga uchrab bir necha yil oldin olamdan o’tgan taniqli jurnalist Ahmadjon Muxtorovni go’rdan olib, go’rga solibdi.

Yaxshilik qilib, yomonlik olgan Ahmadjon Muxtorov haqida o’ylasam, gazetada ishlab yurganimizdagi bir voqea yodimga tushdi.

Kech soat beshdan keyin redaktsida qolib ishlaydiganlar uchun bosh muharrir Ahmadjon Muxtorovning uyidan ovqat kelardi. Bir kun Ahmadjon aka chet el safaridan qaytib kelib, ana shu soat beshdan keyingi “ziyofat” ustida u tomonlardagi hayot va texnologiya haqida havas bilan gapirib berdi. Bosh muharrir o’rinbosari, yoshi bir joyga borib qolgan Mannop aka degan kishi negadir faqat u tomonlarda ayollar, qizlar qanday kiyingani haqida so’ray boshladi.

“Qizlar yalang’och yurar ekan, shu rostmi?”

“Ayolar ko’chada ketayotgan erkakni daraxtning ostiga tortishar ekan, bunaqasiga uchramadingizmi?”

“U erda bolalar ota-onani hurmat qilmas, betgachoparlik qilishar ekan, shundaymi?”

“U erda pora berish hadya berish bilan bir xil ekan…”

Ahmadjon aka avvaliga savollarni kulgiga oldi. Keyin jahli chiqa boshladi va oxirida׃

-U erda har kim o’zining kimligini yaxshi bilar ekan, odamlar g’ulom emas ekan,-dedi.

Bu gap boshqacha ohangda G’ulom Alievning qulog’iga borib etibdi. Balki endi kitob chiqarib g’ulom bo’lmaganini ko’rsatib qo’ymoqchidir? Lekin nega Ahmadjon aka tirikligida emas, o’lgandan keyin? Bu ham savol. Savol bo’lganda ham o’zbekning zehniyati bilan bog’liq juda katta savol. Hali ko’rasiz, Karimov o’lgandan keyin u haqda yozadiganlar qancha ko’p bo’ladi!

…Men Mannop akaning tagdor savollarini tez-tez eslayman. 1990 yillar boshida Islom Karimov Turkiya safaridan qaytib kelgan kunda ham eslagandim. O’shanda u Turkiyada kolbasaning turini sanashda adashganini aytar ekan, lekin u erda demokratiyani betgachoparlik deb tushunish ham borligini qistirib o’tgandi.

Keyinchalik bilsam, o’shanda u Istanbulda Turkiston jamiyati faollari bilan uchrashganda, jamiyat raisi, tibbiyot fanlari doktori Ahad Andijon׃

-Diktatura yo’lini emas, demokratiya yo’lini tanlang, hozir xato yo’lga bosh suqdingiz, bu yo’lga kirgan odam chiqolmay qoladi,-degan ekan.

1994 yilda Karimov Antaliyada ta’tilda bo’lganida ham yuqoridagi hikoyani esladim. Karimovdan suhbat olish uchun borgan Kamol ismli jurnalist aytib bergandi׃ Ular borishsa, Karimov televizorga qarab, jahli chiqib turgan ekan.

-Shumi, demokaratiya?-debdi jurnalistlar bosh vazir Tansu Chillarning yo’lini to’sib, uni o’rab olib, savolga tutayotganlarini ko’rsatib.-Bunaqa demokratiyaning bizga keragi yo’q!

U televidenieda qizlar yarim yalang’och bo’lib chiqishini ham demokratiyaning aybi, deb baholagan ekan. Darhaqiqat, Toshkentga qaytgach׃

-Ana Turkiyada ko’rdim, televidenie emas, buzuqxona,-degandi Karimov. Bu gap ancha vaqt Turkiya matbuotida “aylanib yurgandi”.

O’shandan beri o’zbek matbuoti ikki xil demokratiya haqida yozadi. Sharqning o’ziga xos va o’ziga mos – “ishtonli demokratiya”si bor emish. Har holda “Diktatura” kalimasi o’rniga “Sharq demokratiyasi” iborasini qo’llanishmoqda! Nima emish, G’arb demokratiyasi -yalang’ochmish. Bugun ham shu haqda gap bormoqda va maktablarda ham bu o’qitilmoqda. Ya’ni G’arb demokratiyasi jamiyatni buzib yuboradigan unsur, deb tushuntirib kelinmoqda.

Yaqinda Karimovning ana shu targ’iboti asosida ulg’aygan toshkentlik bir talabadan xat oldim. U meni G’arb demokratiyasini himoya qilishda ayblab, nima, qizlarimiz yarim yalang’och yurishlarini istaysizmi, deya savol qo’ygan.

Kecha esa rus saytlaridan birida Toshkentga ta’tilga borgan bir kishi tushirgan suratlarni ko’rdim. O’nlab suratlar. Hammasida o’zbek qizlari yarim yalang’och. Nahotki, Toshkentga G’arb demokratiyasi kirib bordi? Agar kirib borgan bo’lsa, ota-onalar bolalarini “Yot, uxlamasang Karimov kelib, qamatadi yoki otib tashlaydi!” deb qo’rqitayotgan bo’lsalar kerak?! Lekin ishonish qiyin. Chunki bu nomdan bolalaridan ham ko’proq o’zlari qo’rqadilar!

19.XUSUSIYLASHTIRISH

O’zbekistonda xususiylashtirish nihoyasiga etib qoldi. (Xabarlar oqimidan).

Bundan 20 yil oldin O’zbek tilida “xususiylashtirish” degan kalima yo’q edi. 1981 yilda nashr etilgan “O’zbek tilining izohli lug’ati”da bu kalima bo’lmasada, ammo “xususiy” degan so’z bor. Uning birinchi ma’nosi “Biror shaxsning yolg’iz o’ziga qarashli, tegishli bo’lgan, shaxsiy” ekanligi aytiladi.

Demak, “xususiylashtirish” ana shu “xususiy” kalimasidan yasalgan va bu yangilik emas. Bunga mustaqil O’zbekistonning 15 yillik tarixi ham guvoh. Shu davrda Islom Karimov butun mamlakatni xususiylashtirdi.

Mening bu fikrimga qarshilar ham bor. Bu haqda keyinroq to’xtalamiz.

Avval xususiylashtirishning “yaqin tarix”imizdan oldingi davridan bir hikoya keltirmoqchiman.

Sovet davrida birorta prokuror, sudya, mirshab, hukumat mulozimining shaxsiy mashinasi yo’q edi. Ha, rasman yo’q edi. Bunga maoshi etmas edi. Lekin hammasi shaxsiy mashina minar edi.

Sovet davrida biror prokuror, sudya, mirshab, hukumat mulozimining dang’illama uy-joyi yo’q edi. Ishoning rasman yo’q edi. Bunga maoshi izn bermas edi. Lekin hammasi dang’illama uy-joylarda yashardi.

Bir kuni gazetaga yozilgan shikoyat xati yuzasidan Kattaqo’rg’on tumaniga bordim. Yozgan odam, qo’shnisidan shikoyatchi edi. Bir necha yildan beri qarzini to’lamas ekan. Bu haqda tuman va viloyat huquq idoralariga shikoyat yozsa, o’zini 15 kunga qamab qo’yishibdi. Borguncha bu odam janjalchi bo’lsa kerak-ki uni qamab qo’yishibdi, degan fikr ham o’tdi xayolimdan.

Borsam, bu kishi dunyodagi eng mo’minqobil odamlardan biri ekanligiga ishonch hosil qildim. Mehnatkash odam ekan. Qo’shnisining oilasidan birov kasal bo’lib, eshigining yoniga “Tez yordam” mashinasi kelsa yoki to’y-ma’raka qilsa, undan qarz so’rar ekan. Bechora ko’ngli ham yumshoq odam, beraverar, ammo qaytib ololmas ekan. Qo’shnisi ham buni ataylab qilmas ekan. U ham juda kambag’al, uy-joyi yiqilib ketay, deb turibdi. Xonalarda gilam emas, oddiy sholcha bo’lib, u ham ilma-teshik.

Shu qadar kambag’al-ki, rahmingiz keladi.

-Men ham qarzlarimni so’ramay qo’ygandim, ammo yaqinda bilib qoldim, nomida mashina bor ekan,-dedi qo’shnisi.

Tumanga borib tekshirsam, haqiqatdan ham nomida mashina bor. Uning o’zidan so’rasam, “Uzoq bir jiyanim pasportimni olib ketgandi, keyin qanaqadir qog’ozga qul quydirib olgandi”,- dedi. O’sha jiyani viloyat prokurorining o’rinbosari ekan. U kambag’al odamning nomidan yozilgan ishonch varaqasi bilan mashina minib yurgan ekan. Shuning uchun shikoyat yozgan odamni xuliganlikda ayblab, qamab qo’yishgan.

Bu ham mayli, yana surishtirsam, viloyat prokurorining o’rinbosari Samarqandda dang’illama hovlida yashar va bu hovli ham haligi paxtakor amakining nomida. Bu bir fe’letonimning qisqacha izohi. Ammo keyin bilsam, butun mamlakat ana shunday tarzda yashar ekan.

Mixail Gorbachev davriga kelib, “privatizatsiya” degan gap chiqdi. Bu – davlat tasarrufidagi mulkni odamlarga o’tkazish edi va buni “xususiylashtirish” deb atay boshladik. Gorbachev dastlab o’qituvchilar yashagan uy-joylarni xususiylashtirgandi. Islom Karimov ham shundan ilhomlanib 1990 yillar boshida  o’qituvchilar o’zlari yashab turgan kvartiralarni xususiylashtirib olishlari haqida Farmon chiqargandi. Mening ham umr yo’ldoshim maktabda o’qituvchi bo’lgani uchun, ko’p qatori, biz ham o’zimiz yashab turgan “dom”dagi uyimizni o’rnatilgan qoida asosida xususiylashtirdik va butun xarajatlarini to’ladik.

O’sha kezlarda viloyatlardan Toshkentga ishga chaqirilgan odamlarga qonuniy tartibda ko’p qavatli binolardan navbat bilan kvartira berishardi. Men ham Oliy Kengashning Oshkoralik qo’mitasiga rais o’rinbosari etib saylanganimdan keyin 6 oy Samarqanddan qatnab, mehmonxonada yashadim. So’ng 18 qavatli binodan kvartira berishdi.

Karimovga qarshi chiqqanimdan keyin:

-Men yomonu farmonim yaxshimi? Uyini tortib ollaring,-deb buyuribdi. Tortib olib qizi Gulnoraning shirkatiga berishdi.

Menku mol-davlatga kelib-ketadigan narsa deb qarayman, shuning uchun ham uy-joyga bog’lanmagan, ko’chmanchi, darvesh kayfiyatidagi odamman. Oilam ham menga moslashgan. Lekin hayot-mamoti – shu bitta uyi bo’lganlar-chi?

Bu veqeani eslashimning ikki muhim jihati bor. Biri, Karimovning “Qonun emas, men ustun!” degan xarakterini, ikkinchisi esa, xususiylashtirish deganda, u nimani tushunganini ko’rsatishdir.  Demak, u butun O’zbekiston meniki, men imzo chekkan hujjatlar asosida biror bir qulaylikka ega bo’lgan odam menga sadoqat bilan xizmat qilishi shart deb tushungan.

Shundan kelib chiqib u yuzlab-minglab muxoliflarining qonuniy tartibda xususiylashtirilgan uy-joylarini ochiqdan-ochiq bosqinchilik yo’li bilan tortib oldi. Chunki, yana bir marta takrorlashga ehtiyoj bor: u o’sha kezdayoq butun mamlakatni o’zining shaxsiy mulki, o’z oilasiga oid deb hisoblagan.

Uning qizi Gulnora Karimova o’nlab korxonalarni “sotib olgani” va ko’plarini Rossiyaga sotgani, boshqalrining markazlarini o’sha tomonga ko’chirgani haqida xavotir bilan gapirib, “Karimov butun O’zbekistonni xususiylashtirib oldi”, deganimda, bir tanishim keskin qarshi bo’ldi. U “O’zbekiston juda katta mamlakat” ekanligi va “Gulnora hamda otasi olgan narsalar ummondan hatto zarra ham emas”ligini aytdi.

Vaholanki, bugun O’zbekistonning butun energetika kompleksi Rossiyaga bog’landi. Er osti va er usti boyliklari Rossiya bilan hamkorlikda tuzilgan shirkatlar tomonidan ishlatilmoqda. Bitta-yarim Amerika bilan ishlatilganlari ham tortib olinib, Moskvaning qozig’iga bog’lanmoqda.

Muborak gazni qayta ishlash kompleksidan tortib, Toshkent aviasozlik zavodiga qadar asosiy yirik korxonalarning yarimdan ko’p hissasi ruslarga o’tdi. Oltin ishlab chiqarishdan boshlab telekommunikatsiya tarmoqlariga qadar Moskva nazoratida.

Rossiya Amerika emas. Amerika madaniyatli, unga “Chiqib ket” desangiz va qonuniy yo’lini ko’rsatsangiz chiqib ketadi. Ammo Rossiya ketmaydi va qaytarmaydi. Hatto O’zbekiston to’la demokratik davlat bo’lganda ham bularni qaytarib bo’lmaydi. Chunki hammasi doimiyga qilib, qog’ozda xalqaro qonunlarga moslangan. Boshqa yo’l bilan olish esa, Rossiya bilan urush degani. Ko’rayapsizki, Karimov oilasining olgani oz emas.

Bundan tashqari Karimovning komandasida bo’lgan to’ralar mamlakat bo’ylab, qarindosh-urug’lari nomiga ko’chmas mulk, korxonalar va bozori chaqqon biznesni rasmiylashtirganlar. Ularni tortib ololmaysiz. Hammasi qonunlar doirasiga tushirilgan. Ko’plari ish markazlarini qo’shni mamlakatlarga ko’chirishgan. Tortib olish uchun siz ham diktator bo’lishingiz kerak. Qonuniy yo’l bilan kuchingiz etmaydi.

O’zbekistonda karimovchasiga xususiylashtirilmagan narsa faqat quruq er qolibdi-da, deyishingiz mumkin. Bugun o’sha er ham uning izmida. Undan keyin rejim o’zgarib qoldi, deylik va o’sha rejimga ana shu er qolsin ham deylik. U holda hayotini erga ketmon urib boshlagan ibtidoiy jamoa davridagi ajdodlarimiz kabi hamma narsani noldan boshlash kerak bo’ladi. Shuning uchun, bugun Karimovning xususiylashtirish kirdikorini nazarga olmaslik, ibtidoiy davrdagi kabi tayoq ko’tarib yugurishga olib boradi.

20. ISLOMLASHTIRISH

2006 yilning 28 Sentyabr kuni Rossiya va O’zbekiston maxsus xizmatlari ekstremizmga qarshi birgalikda kurash uchun shartnoma imzoladilar. (Xabarlar oqimidan).

Ekstremizm deganda birinchi galda Islom fundamentalizmi tushuniladi. Shunday emasmi? Lekin Islom davlati bo’lgandan keyin Islom fundamentalizmi – ekstremizm kuchaymasdan zaiflashsinmi?

1990 yillarning boshida bir latifa yozgandim. U “ERK” gazetasida chiqqach, mashhur bo’lib ketgandi.

Mazmuni shunday edi׃ Karimov dindorlar bilan uchrashganda ularga Islom davlati qurib berish haqida va’da qiladi. Oradan yillar o’tib, unga so’zining ustidan chiqmagani eslatiladi. Shunda u׃

-Men so’zimning ustidan chiqdim, O’zbekiston Islom davlatiga aylandi, ya’ni mening davlatimga,-deb javob qiladi.

Darhaqiqat, O’zbekistonda Islom ko’rsatmalariga ko’ra parlament tuzilgan va Islomiy nizom asosida qonunlar qabul qilinadi, hukumat ham Islom tartib qoidalari asosida ishlamoqda. Davlat ishlari Islomning fitratidan kelib chiqib boshqariladi. Islom fundamentalizmi shu qadar kuchayib ketdi-ki, hamma narsa oshkora qilinadigan va xalqdan hech narsa yashirilmaydigan bo’ldi. Islomiy oshkoralik jamiyatning hamma qatlamlariga singib ketdi.

Sovet davrida mirshablar birovni ataylabdan ushlash uchun uning uyiga yashirincha kirib, gilamining ostiga nasha tashlab chiqishgan va keyin qaytib kelib, uni topishgan. Hozir esa, kerakli odamni “Yonidan nasha chiqdi”, deb katta ko’chada ushlashadi.

Ovora bo’lib nashani tashib yurishmaydi. Tag’in chekib qo’ymasin, deb boshliqlari oddiy mirshablarga bermasa kerak-da! Yoki bekatda turgan muxolifatchining qo’liga bir paket tutqazishadi-da, “Dollar bilan pora oldi” deb ushlab ketishadi. Boshliqlar ahmoq emas, oddiy mirshablarga dollar bersa, dollar qaytib kelmasligini bilishadi. Shuning uchun ishni oshkora, nasiyaga bajartirishadi. Qani pora olmadim, deb ko’rsin. Bekatda turganlarning hammasi unga qarshi guvoh bo’ladi.

Hukumat mulozimiga so’z qaytargan yoki uni tanqid qilib yozgan odamni xalqning ko’z oldida ushlab, jinnixonaga tiqishadi. Uni birinchi bo’lib doktorning o’zi koyiydi׃ “Ahmoq, jinni bo’lmasang hukumatga qarshi chiqasanmi?”.

Mana hozir siz ham shuni o’qib turib aytayapsiz, “Haqiqatan ham jinni, axir bu hukumatni tanqid qilib bo’ladi-mi? Mana mendan o’rganib jim yurmaydimi?”.

Ba’zan meni ham “Bu jinni bo’lib qolgan shekilli, faqat Islom haqida yozadi” deb o’ylashingizni ham bilaman. Ammo xafa bo’lmayman. Chunki bular Islom fundamentalizmining holvalari. Uning shunday toshlari bor-ki, ana undan Xudo asrasin. Aslida bu borada ham oshkoralik.

O’zbekning dardini aytgan shoiri Yusuf Jumaning uyiga MXXning vakili boradi va ochiqchasiga aytadi׃

-Jim yuring, topshiriq bor, avariyada o’lasiz, agar o’lmay qolsangiz, boshqa variantini ko’ramiz!

Yoki insonlarning huquqlarini himoya qilaman, deb tashkilot tuzmoqchi bo’lgan shaxsning uyiga kelib׃

-Shu yilning ichida tashkilotingizga kirgan barcha faollarni qamaymiz. Bittasi poraxo’r, ikkinchisi jinni, uchinchisi tuhmatchi va hokazo ayblar bilan qamaladi. Bundan xulosa chiqarmaganlarni boshini yoramiz, o’g’lini qamaymiz! Buni oldindan aytib bera olamiz. Keyin navbat sizga keladi. Sizni esa tirik qo’ymaymiz, qanday kasalingiz bor, bilamiz,-deydi.

Buni ochiq aytadi. Chunki oshkoralik. Chunki bu Islom fundamentalizmining muhim printsipi.

O’qigan bo’lsangiz, Ismat Xushev, o’g’lining “qaysidir jihatlari bilan unga o’xshashini niyat qilib” ismini Islom deb qo’yganini, yozgandi. O’sha yillarda Islomlashtirish endi tug’ilayotgandi. Ism qo’yish alohida kampaniyaga aylantirildi. Bu kampaniyaning shayxul-ulamosi Ismoil Jo’rabekov edilar. Televidenie orqali “Hamma bolasiga Islom deb ism qo’ysin”, deya buyruq berilmasdi. Bu juda ham nokamtarinlik bo’lishini kim-kim Ismoil aka yaxshi bilardilar. Shuning uchun televidenie orqali maxsus programma berilib, unda o’z farzandiga Islom deb ism qo’ygan oila maqtalardi, ko’z-ko’z qilinardi, bu oilaga yurtboshi nomidan Xiva gilamini taqdim etayotgan Ismoil Jo’rabekov yoki Mavlon Umurzoqov tashrif buyurgani ko’rsatilardi.

Bizning xalq er ostida ilon o’tsa biladigan. Bir tomonda Xiva gilami. Ikkinchi tomonda kazo-kazolarning tashrifi, uchinchi tomonda televizorga chiqish…

Uylanmaganlar uylanshga boshlashdi, xotini bilan yotmay qo’yganlar joydan turmay qolishdi… Maqsad bitta׃ o’g’il tug’ilsin va unga Islom deb ism qo’yilsin.

Bir kun Afandi bolalarni aldamoqchi bo’lib, “Ana u muyulishda bepul shirinlik bermoqda” deganidan keyin hamma bolalar gurillab o’sha tomonga yugurganidan so’ng “Balki berayotgan bo’lsa-chi?”, deb o’zi ham yugurib ketganini bilasiz. Islomlashtirish shu qadar keng quloch otdi-ki, hatto yurtboshining o’zi ham “Bir gap bor, shekili?”, deb nevarasiga “Islom”, deb ism qo’yib yubordi.

Bugun istagan gazetani ochib ko’ring, hamma maqolada “Islom” degan so’zni topasiz. Bir emas, o’nlab.

Faqat ta’ziyanomalar e’lon qilinadigan bo’limdan topolmasangiz kerak. Bu ham hozircha!

Bugun istagan partiyaning vebsaytini ochib ko’ring, birinchi jumlasidayoq “Islom” degan so’zni ko’rasiz.

Mamlakatning qaerida bo’lmasin, har qanday uchrashuvga boring so’z boshlagan odam albatta “Islom” degan kalimani ishlatadi.

Ko’chalarni aylaning va shiorlarga qarang, shu so’zni topasiz.

Maktab kitoblarini ochib ko’ring.

Mana-man degan shoirning she’rlarini o’qib chiqing.

Parlamentning ochilishidan yopilishiga, televizorning boshlanishidan tugashiga qadar, xullas, hamma joyda shu so’z.

Hatto BMTning minbaridan ham shu so’z baralla aytiladi. Ishonmaysizmi? Uzoqqa bormang. Ana O’zbekiston Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norovning 2006 yilning 25 Sentyabrda BMTda qilgan nutqining 4-bandiga qarang. Shu kalima turibdi.

Sovet davrida Brejnev hamma joyga “Xush kelibsiz!” deb yozishni buyurganidan keyin Turkmanistonda umumiy hojatxona teppasiga shunday shior ilingan ekan. Kulgandik. Keyin nafasimiz ichimizga tushib ketdi. Chunki O’zbekistonda qabriston darvozasining teppasiga “Xush kelibsiz!” deb yozib qo’yilgandi-da. Shunaqa xalqmiz. Buyruq bo’lsa bas. Bugun buyruq-Islomlashtirish…

Bu ketishda ertaga bir kun Eshmatlashtirish yoki Eshaklashtirish davrini ham yashamasak bo’lgani!

21. RUSLASHTIRISH

O’zbek tili davlat tili bo’lgani holda O’zbekistonda davlat boshqaruvi rus tilida yuritiladi. (Xabarlar oqimidan).

Bundan besh yil oldin Brazil-Amazon guruhiga kiruvchi Suruvaha tilida gaplashuvchilardan sakkiz kishi zahar ichib, o’z joniga qasd qilgandi. Ma’lum bo’lishicha, ular o’zaro muomala vositasi, dunyo bilan aloqa ko’prigi va Xudoga sig’inishda ruhiyatlarini ifodalaydigan ona tillari yo’qolib ketayotganiga qarshi isyon sifatida ana shunday ayanchli qismatni tanlagan ekanlar.

Ona tili insonga jon qadar azizdir. SSSR yiqilib ketayotgan kunlarda O’zbekistonda ham o’zbek tilini davlat tiliga aylantirish harakati boshlangan va bu harakat millionlab odamlarni birlashtirgan edi.

O’shanda bir kun televizorda akademik Ahmadali Asqarov, akademik Erkin Yusupov va O’zbekiston Kompartiyasi Markazqo’mining bo’lim mudiri Shoxobiddin Ziyomov rus tilining ahamiyati haqida gapirdilar. Ahmadali aka o’zining Namanganning bir qishlog’idan chiqqani va rus tilining qudrati bilan dunyoga tanilgan olim bo’lganini aytdi. Keyin ayni gapni Erkin Yusupov ham uqtirdi.

Markazkom vakili esa, xulosa qilib, O’zbek tiliga davlat tili maqomini berishni so’rayotganlarni qoraladi.

Muxolifat, ziyolilar, oddiy odamlar o’z so’zlaridan qaytmadilar. Ammo kechagi bilimdonlar o’z so’zlaridan qaytdilar. Ertasiga ular yana televizorga chiqib, o’zbek tilining ahamiyati haqida gapirdilar.

Men o’shanda tepada nimadir o’zgarganini his qildim. Chunki tepaning eng tepasidan topshiriq bo’lmasa, ikki tanilgan akademik bir kunda to’nlarini teskari, to’g’risi teskari to’nlarini rostasiga o’girib kiymasdilar. Aytilgan so’z otilgan o’q. Ular ana shu otilgan o’qni bir kunda qaytib oldilar.

Buning sababini Oliy Kengashning sessiyasidan chiqqan qonun ko’rsatdi. O’zbek tilini bilmaydigan Karimov kutilmaganda tashabbusni qo’lga olib, butun mamlakat talab qilayotganidan ham o’tkazib, favqulodda muhim o’zgarishlar kiritgan edi. Hatto O’zbekistondagi rusiyzabon odamlarga O’zbek tilini o’rganish uchun sakkiz yil vaqt tanigandi.

Bugun ba’zilar xalqning kuchi bilan Karimov ana shunday qilishga majbur bo’lgandi, deyishadi. To’g’ri. Ta’sir bo’lmasa, aks ta’sir bo’lmaydi. Lekin vaqt shuni ko’rsatdiki, Karimov o’shanda o’yin qilgan ekan.

Keyinchalik sakkiz yillik muhlatdan boshlab, boshqa talablar ham asta sekin qonundan chiqarib tashlandi. O’zbek tiliga rasman davlat tili maqomi berilgani bilan butun boshqaruv hujjatlari rus tilida yozilib, rus tilida tarqatildi. Bugunga qadar ham qonun loyihalaridan tortib, prezident farmonlariga qadar barcha davlat hujjatlari rus tilida tayyorlanadi va keyin o’zbek tiliga o’giriladi.

O’zbek tilining ahvoli bugunga kelib, o’sha 1989 yildagidan ham yomon. Bugungi yoshlar bilan 1989 yildagi yoshlarning ona tilini bilish darajalarini solishtirib ko’rsangiz, vahimaga tushasiz.

Juda kichik bir misol. Mustaqillik yillarida O’zbekiston bilan bog’liq ochilgan vebsaytlarni bir ro’yxat qilib chiqing. Qani qanchasi ona tilida va qanchasi rus tilida?

O’zbek tilidagi vebsaytlar bilan rus tilidagilarning saviyasini solishtirib chiqing, qani qay biri til qonuniyatlariga javob beradi? Yozilayotan maqolalar, fikr-mulohazalar ham ayni darajada.

O’zbek maktablarida bugun o’quvchilar etmay qolmoqda. Chunki hamma bolasini rus maktablarida o’qitishga intilmoqda. Nega?

Yaqinda Amerikaga kelgan bir huquqshunos bilan gaplashdim.

-Meni viloyat sudidan Oliy sud idorasiga ishga olishdi. O’zbek tilida yaxshi yozardim. Huquqiy hujjatlarni o’zbek tilida mukammal qilib yozadigan odam juda kam. Oliy sudda protokol bo’limida ishlovchilardan biri uzoq vaqtga kasal bo’lib qoldi. Uning o’rniga meni o’tkazishdi. Hukumatdan keladigan hamma hujjatlar rus tilida edi. Javoblar ham rus tilida bo’lishi talab qilingandi. Avvaliga ajablandim. Keyin bir-ikki qarshi gapirgandim, rahbarlarga etib boribdi. Ishdan quvishdi…,-dedi u.

U endi Amerikaga ish qidirib kelgan. Ana shunday. Bugun o’zbek tilini mukammal biladiganlar O’zbekistonda ishdan quviladi.

Sovet davrida partiya qo’mitalariga “ruslit”ni bitirganlarni olishadi. Ish emas hujjat muhim edi. Samarqand viloyat partiya qo’mitasining qishloq xo’jalik bo’limida ham “ruslit”ni bitirgan odam ishlaganiga o’zim guvoh bo’lganman.

Bugunga kelib ham hukumat ishlariga olinayotganlardan rus tilini bilish talab qilinadi. Rus tilini bilsangiz ish tiqilib yotibdi. Nafaqat quyi idoralarda balki eng yuqori joylarda ham…

Vladimir Norov, Ruslan Mirzaev, Svetlana Inomova, Elyor G’aniev, Rustam Azimov va hokazo va hokazo vaziru ulamolar asosan rus tilida gaplashadilar. Karimov ularning birortasi bilan o’zbek tilida gaplashmaydi. Prezidentdan boshlab vazirlargacha qaerga bormasinlar hukumat nomidan qiladigan nutqlarini rus tilida irod etadilar.

O’zbekiston ana shunaqa boshi pastda, oyog’i teppada bo’lgan mamlakatga aylandi. Rasmiyatda o’zbek tili-davlat tili. Amalda esa rus tili-davlat tili. Bu ham Karimovning “tarixiy” kashfiyotidir.

Men bundan bir necha yil oldin

O’zga tilda dod solmoq ixtiyordir,

Ona tilni yod bilmoq iftixordir!

deb yozgandim. Afsuski bugun teskarsini ko’rib turibman.

Yaqinda bir o’zbekdan rus tilida yozilgan maktub oldim. Unda jumladan shunday deyilgan:

-Rejim haqida zo’r narsalar yozayotgan ekansiz. Agar rostdan ham bu rejimga muxolif bo’lsangiz nega shularni hamma o’qiydigan va hamma tushunadigan rus tilida yozmaysiz?!

Shundan keyin, Brazil-Amazon guruhiga kiruvchi Suruvaha tilida so’zlashuvchi sakkiz kishi o’z joniga nega qasd qilganini anglagandek bo’ldim.

22.KO’Z-KO’Z QILISH

O’zbekiston usti yaltiroq, ichi qaltiroq bir mamlakat ekan.(Sayyohning xotiralaridan).

Bir kun “toshdan ham qattiq” deb nom olgan tanishimiz uyiga oshga chaqirdi. Hammamiz hayron bo’ldik. U umrida cho’ntagidan bir so’m chiqarmaydigan odam edi. Bitta ko’ylakni har kuni kiyishiga qarab, “Bechora-da, deb indamas edik. Agar ovqatlanishga borsak, “Qornim to’q, sizlarga osh bo’lsin” deb indamay o’tiraverardi. Ammo unga ham ovqat buyursak, o’zinikini tugatib, boshqalardan qolganini ham eb, yana “Savobini ham olay” deb kosayu tovoqlarning ostida qolganlarini non bilan surtib olib, eb, idishlarni yaltiratib qo’yardi. Ba’zan unga “Bugun senikiga boramiz”, deb hazillashardik. Rangi uchib ketardi. Darhol xotini kasal ekanligi yoki bolasi betobligi va hokazo bahonalarni qalashtirib tashlardi.

Ana shunday odam birdaniga o’zi taklif qilib qolsa va “Kelmasingizlar do’stligimiz tamom” deb mahkam turib olsa, tabiiyki hayratlanasiz. Bordik va yanada hayratda qoldik. U juda katta, hashamatli uy sotib olibdi. Bizni aylantirib, uyini ko’rsatib chiqdi va keyin uyning orqasida turgan yangi mashinaning yoniga olib keldi.

-Lotoreyaga yutdingizmi?-deya undan so’radik.

-Igna bilan quduq qazgan kabi to’plab, sotib oldik,-dedi u.

Men umr yo’ldoshi va bolalariga razm soldim. Bir hol-bir ahvolda. Jajji bolalarning egnida yamoq, janda-junda kiyimlar, poyabzallari teshilgan, umr yo’ldoshi ham munkillab qolgan kampirga o’xshardi. Uyning ichi huvillab yotibdi. Bilmadim qaerda yotib turishadi?

Xullas, u bizni aylantirib, bir piyola choy bermay jo’natib yubordi. “Osh qani?” deyishga iymandik.

U hech mashinasini minmas edi. So’rasak, “Pravam yo’q” der edi. Keyin bilsak, faqat odamlarni olib borib, uy-joyini va mashinasini ko’rsatar ekan.

Bu ham kasallik. Zehniyatdagi kasallik. Ko’z-ko’z qilish kasalligi. Bu kasallik odamlarda har turli ko’rinishda mavjud. Jumladan Karimovda ham.

Bilasiz, tarixda o’tgan hukmdorlar hammavaqt hashamatli bino qurishga oshiqqanlar. Ular bundan ikki maqsad ko’zlashgan, biri shu bilan kuch-kudratni namoyish etmoqchi bo’lgan bo’lsalar, ikkinchisi tarixda nomlari qolishini istashgan.

Karimov ham balki ana shu nuqtai nazardan yo’lga chiqqan bo’lishi mumkin. U birinchi bo’lib 1990 yilda Markazkom binosi-hozirgi Prezident devoni biqinida alohida bezakli qabulxona binosini qurishni boshlatgandi. Shu bilan parallel ravishda mazkur binodan ozgina ichkarida o’zi yashashi uchun uch qavatli bino qurdirishga kirishdi.

Keyin Alisher Navoiy bog’idan boshlab, Amir Temir majmuasiga qadar ko’z-ko’z qiluvchi qurilishlar qildirdi. E’tibor bersangiz, hech biri oddiy xalq manfaatiga xizmat qilmaydi. Hammasi uning zehniy manfaatiga-ko’z-ko’z etishga qaratilgan.

Bu bilan men qurilish, obodonlashtirishlarga qarshiman, demoqchi emasman. Balki har kim ko’rpasiga qarab oyoq uzatishi kerak, deb o’ylayman.

Xabaringiz bor, Urgut tumanida yo’llarning iki tomoniga naqshindor g’ishtlar terilgani Karimovga yoqib qolgani. “Hamma joyda shunday qilinsin”, deb buyruq berildi. Mamlakat naqshindor g’isht muzeyiga aylanishiga oz qoldi. Buning uchun davlat yoki Karimovning xazinasidan bir tiyin chiqqan emas. Hammasi bechora xalqning gardaniga tushdi. Keyin hammasini buzib, boshqa narsaga aylantirishdi.

Men Amerikaga kelganimda hayratlanib qoldim. Biror joyda usti yaltiroq bino ko’rmadim. Ko’zimiz o’rgangan-da, hamma binolar peshtog’i yoki gumbazi, hech bo’lmaganda kirish qismi yaltiroq bo’lishi kerak. Boshqa narsaning keragi yo’q, ko’zimiz quvnasin. Odamlarning ko’zini quvnataylik. Ko’z-ko’z qilaylik.

Turkiyada Otaturkni “Jamiyatni o’zgartirgan rahbar”, deyishsa, Turgut O’zalni “Mamlakatni o’zgartirgan rahbar”, deb eslashadi. Turgut O’zal hashamatli binolar qurdirgan emas. U mamlakatda juda ko’p magistral, shoh yo’llar qurdirgan.

Yo’l nafaqat bir joyni ikkinchi joyga bog’laydi. Balki iqtisodni, biznesni yo’lga qo’yadi.

Yo’li yaxshi mamlakatning iqtisodi, biznesi ham yaxshi bo’ladi. Qolaversa, yo’llar nafaqat hukmdorga, balki xalqqa ham xizmat qiladi. Bu-xalq manfaatini nazarda tutib qilingan ish. Ana shu nuqtai nazardan qarab ayting-chi, O’zbekistonda 15 yilda qancha magistral, shoh yo’l qurildi?

-Xayriyatki afg’on urushi bo’lgan ekan,-degandi Jamol Siroj degan do’stim.-Axir Sho’rolar Toshkentdan Sirxondaryoga qadar olib boradigan “betonka”ni shu urush tufayli qurishgan-da. Urushga “xayriyat” demaydilar. Ammo Afg’on urushi SSSRning boshini edi va bizga mana shunday yo’l qoldirdi.

Haliga qadar millat ana shu yo’ldan foydalanadi. Uning bir bo’lagini qozoq tortib olsa, hatto shuning o’rniga ham yangi bo’lak qurilmaydi. Ko’p narsaga aqli etgan Karimovning yo’llar masalasida aqli ojizmi? Yo’q. U biladi. Yangi yo’llar qatnovni ko’paytiradi, biznesni yaxshilaydi, xalqqa xizmat qiladi. Bu esa unga tashvish keltiradi. Qancha ko’p yo’l qurilsa, shuncha ko’p nazorat qilish muammosi tug’iladi-da! Buning o’rniga ma’muruy binolar qursa, ularni yaltiratib qo’ysa, bir kunmas-bir kun bittasi chiqib, “Bularni Karimov qurgan” deyishi mumkin!

Yaqinda bir yigit bilan gaplashdim. U juda ham achinarli bir voqeani aytib berdi׃

-Aka, to’rt yashar singlim “Ichim og’riyapti” deb, dodlab, buralib qoldi. “Tez yordam” chaqirdik. Kelavermadi. Oxiri singlimni ko’tarib, yo’lga chiqdik. Biz engil mashinada tuman markaziga qarab yurdik. Yo’llar shu qadar yomonki, mashina har bir qalloqqa urilganida singlim “Dod” deb yuborar va biz haydovchidan norozi bo’lardik. Haydovchi “Bu yo’lni men quribman-mi yoki men buzibman-mi?”, degandek elka qisib qo’yardi. U har qancha aylanib o’tsa ham baribir mashinaning birorta charxi o’yilgan joyga qarsillab tushib ketardi. Buning ustiga yana biz tezroq haydashini talab qilardik. Kasalxonaga kelsak, hali u yo’q, hali bu yo’q. Janjal ko’tardik.

Shunda bir doktor, singlim ko’richak bo’lgani va amaliyot uchun kamchiliklar borligini aytdi. Vaqt o’tib boraverdi. Oxiri singlim ko’zini ochmay qo’ydi. Doktor׃ “Kasalxonaga kelgunlarincha ko’richak yorilib ketibdi” dedi. “Dod” dedik, “voy” dedik, shirin-shakar singlimdan ayrilib qoldik.

Aka, hozir ko’richakdan o’ladigan zamon-mi? Buning ustiga rosa qarzga botdik. Ish yo’q, qarzning ustiga qarz olib, qarzni uzish uchun bu yoqlarga keldim…

Singiljonidan ayrilgan yigitning ko’zlarida yosh mo’ltirab aytgan bu gaplarini ichki og’riq bilan eslar ekanman, mashinada chinqirib ketayotgan qizaloq va Karimov qurdirgan, qurdirayotgan yaltiroq binolar ko’z oldimga kelaveradi…

23. MAMLAKATNI OBRO’SIZLANTIRISH

Bir paytlarning mashhur O’zbekistoni hatto Qozog’iston soyasida qolib ketdi. (Xabarlar oqimidan).

1990 yilda Oshkoralik qo’mitasida ishlaganimda, “Ozodlik” radiosining muxbiri Furqat Yakvalxo’jaev qariyb bir soatlik suhbat yozib oldi. Ko’ngildagi hamma gaplarni ochiq aytdim va savollarga ham oshkora javob berdim. Radioda bu suhbatni bir necha kun davomida berib borishdi. O’shanda KGB (MXX) xorijiy radiolarda O’zbekiston haqida chiqqan materiallarning matnini har kun broshyura-kitobcha holida nashr etib, birinchi rahbarga taqdim etib borishini bilib qolgan va bu kitobchani hammaga tarqatishni talab qilgandik. Hamma bo’lmasa ham Oliy kengashning barcha qo’mitalari ham ola boshladilar.

Keyinchalik to’xtatishdi. Xullas, Karimovning stoliga qo’yiladigan ana shu kitobchaning bir necha soni mening suhbatim matni bilan to’lgandi.

O’sha kunlari Karimov׃

-Odamlar juda katta vazifalarda ishlayotganlarini bilishlari kerak. Oliy Kengash qo’mitasi raisining o’rinbosari bu juda katta lavozim. Bu lavozimdagi odamning har bir gapi rasmiy gapdir. Ba’zilar buni bilmay bizni dunyoga sharmanda qilishmoqda. “Ozodlik” radiosini butun dunyo eshitadi, uni minbar qilib olib, butun dunyoda mamlakatimizning obro’yini to’kishmoqda,-dedi.

Bu gap menga tegishli edi. Karimov ismimni ochiq aytmagani uchun men ham umumiy tarzda javob qildim. Oshkoralik haqida eslatdim. Tanqidni bo’g’ishga o’rgansak, jamiyatni bo’g’ishga ham o’rganamiz, dedim.

O’shanda Karimov shu qadar soddamidiki, “Ozodlik” radiosi butun dunyoga emas, faqat O’zbekistonga qaratilgani, uni o’zbeklargina tinglashi va hatto O’zbekistonda ham uni hamma eshitmasligini, dunyoning mana-man degan markazlarida o’zbek dasturini eshitish u yoqda tursin, o’zbek tili nima ekanligidan bexabar odamlar o’tirganini bilmasa, deb o’yladim. U bilardi. Lekin maqsadi mamlakatning obro’yini saqlash emas, balki tanqidni bo’g’ish edi. Buni vaqt ham isbotladi.

Keyin ham u radiolar va bu radiolarning muxbirlari haqida gapirganda ularning mamlakatni obro’sizlantirayotganlari borasida gapirib, ularni hatto sotqin, deyish darajasiga qadar etib bordi. U ildiziga urib, shoxini zirqiratish rejasida bo’lgan. Chunki xorijiy muxbirlarga aytgan har bir gapi mahalliy televidenieda albatta ko’rsatilardi. Qolganlar bundan o’zlari xulosa chiqarib olardilar.

1990 yil edi. Nazarboev qaerdadir O’zbekiston bizdan bug’doy olmoqda, deya maqtanibdimi, yoki narxi haqida gapiribdimi, nima bo’lsa ham Karimovning qulog’iga kelib etibdi. U sessiyada Qozog’iston haqida, uning rahbariyati haqida qo’lini “peshtaxta” (Karimov “pesh” so’zini “peshtaxta” deb ishlatishiga ishora-JM) qilib gapirdi.

Biz Turkiston birligi uchun, deb yugurib yurganlarga bu og’ir botdi. Men sessiyada Karimovga savol berdim׃

-Qo’shnilarimiz bilan shunday muammolar chiqqan taqdirda ham uni katta minbarga olib chiqmay, o’zaro muloqotlarda hal qilish mumkin emasmi?

Karimovning jahli chiqdi va׃

-Bu mamlakatimizning obro’yi. Agar siz vatanparvar bo’lsangiz, bu obro’ uchun kerak bo’lsa, boshni kundaga qo’yish lozim!-dedi

Karimovning ana shu gapidan keyin “Kundaga qo’yilgan bosh” degan katta maqolamni yozib, markaziy nashrlarda e’lon qilgandim. Ammo unda boshni kundaga qo’yishning boshqa muhim talablari borasida, ya’ni Karimovning gaplarining teskarisi haqida gap borgandi.

Karimov o’sha kezdayoq ham ichki, ham tashqi tanqidni bo’g’ishni boshlagan va mamlakatni obro’sizlantirish masalasi uning niqobi bo’lgan. Mana bugunga kelib, ma’lum bo’ldiki, O’zbekiston jahondagi hamma hisobotlar va ro’yxatlarda sharmandali o’rinlarda. Qaysi bir sohada bo’lmasin, O’zbekiston eng obro’siz mamlakatlar qatorida. Mana Karimovning vatanparvarligi!

Bir paytlar Karimov mensimay, tanqid qilib yurgan Qozog’iston lideri ham ba’zi masxarabozlik jabhalarida Karimovni quvlab etishga urinayotgan bo’lsada, lekin Qozog’istonni Markaziy Osiyoning, balki MDH mamlakatlarining lideri, deb atashmoqda.

Yaqinda Nazarboevning Vashington safari oldidan Bi-bi-si ga bergan suhbatida(2006, 28 Sentyabr)gi mana bu gaplarga endi Karimov nima deydi׃

“Bi-bi-si: Jahonda Qozog’istonni zaif va beqaror mintaqada barqarorlik oroli sifatida ko’radilar. Qirg’izistonda siyosiy inqiroz davom etmoqda, O’zbekiston hukumatining siyosatini G’arbda qattiq tanqid qilishadi va qoralashadi. Siz o’zingizning qo’shnilaringiz bilan qanday munosabat qurasiz va bu munosabatlarni rivojlantirish Siz uchun naqadar muhim?

Nursulton Nazarboev: Mintaqamizdagi siz aytgan davlatlar – O’zbekiston, Qirg’iziston, Tojikiston va Turkmaniston juda yaqin davlatlar. Bizning tariximiz bir, madaniyatimiz, tilimiz, dinimiz bir.

Qozog’iston siyosatida har doim ustun g’oya mintaqani integratsiyalash bo’lgan. Bizning asosiy vazifamiz – ixtilofli vaziyat yuzaga kelishiga yo’l qo’ymaslik va barqarorlashtiruvchi davlatga aylanish va biz buning uddasidan chiqayapmiz.

Bi-bi-si: Qozog’iston iqtisodiy rivojlanib borishi barobarida aksar ekspertlar mamlakatingizga qo’shni davlatlardan muhojir ishchilar oqib kelishi muqarrar demoqdalar. Bu jarayon hozirning o’zidayoq davom etmoqda. Ammo kelajakda balki sizning O’zbekistondek mamlakatlardan chiqqan siyosiy muhojirlar muammosi bilan to’qnash kelishingizga to’g’ri kelar. Siz bunga tayyormisiz?

Nursulton Nazarboev: Biz hozir Qozog’istonda ishlayotgan noqonuniy muhojirlarni legallashtirayapmiz. Fikrimcha, ularning soni bir million atrofida. Bundan tashqari biz O’zbekistondan va boshqa davlatlardan yana bir million odamni jalb etishga tayyormiz. Ular bizda ishlab o’zlarining oilalariga yiliga 300-500 million dollar yuborishadi…”

Karimov o’zini obro’sizlantirish barobarida, mamlakatni va ming afsuski, xalqniham obro’sizlantirdi.

Bugunga kelib, mana shunday odamning hukumat teppasida qolayotgani xalqning ham qusuri, deb qaralmoqda va bu haqda ochiq aytila boshlandi.

Yaqinda bir amerikalik׃

-Qaerdansiz?-deb so’radi.

-O’zbekistondan,-dedim.

-25 million odamni bir kishi eshak qilib minib o’tirgan mamlakatdan ekan-da,-dedi u kinoya bilan.

Men unga׃

-Biroz adashadingiz,-dedim.

U faktlarni qalashtirib tashlash uchun barmoqlarini sanashga chog’lagandi, men׃

-25 million emas, qariyb 28 million,-dedim…

Tabiiyki, u eshak deganda “mehnatkash odamlar” degan fikrni nazarda tutgan. Chunki eshak Amerikada mehnatkashlik ramzi.

Yana kim bilsin, balki u eshakning bizdagi ramzidan ham xabardordir?!

24. YOLG’ON SAN’ATI

O’zbekistonda gap boshqa, ish boshqa. (Xabarlar oqimidan)

Ba’zilar bir odamni ilk ko’rishdayoq kimligini bildim, deb maqtanishadi. Bu mumkin bo’lmagan narsa. Hech qachon bir ko’rishda yoki bir suhbatda birovning kimligini bilish mumkin emas. Balki butun hayotingiz davomida kim bilandir bir marta uchrashgan bo’lsangiz va o’sha odam haqida 20 yildan keyin gapirish mavrida kelib qolsa, uning yo yaxshi odamligini sezgandim yoki ilk ko’rishdayoq uning ablahligini bilgandim, deyishingiz mumkin. Bu shunchaki gap omadi aytiladigan so’zlar.

Yaqinda shunday hodisa bo’ldi. Bir tanishim׃

-Men Karimovni bir ko’rishdayok taniganman va keyin unga hech ishonmaganman,-dedi.

Gapni aylantirsam, u Karimov bilan bir marta yuzma-yuz uchrashgan va Karimov uni ko’p qatori nazarga olmay, chiqarib yuborgan va keyin taklif ham qilmagan ekan. U odam endi oradan 15 yil o’tib, o’shanda o’zining avliyo bo’lganini aytmoqda.

Men avliyo emasman. Karimov bilan ming martadan ham ziyod yuzma-yuz uchrashgan bo’lsamda shundan ikki martasida unga chin dildan ishonganman.

Birinchisi, uning 1989 yilda Kattaqo’rg’on tumanida saylovchilar bilan uchrashuvda ruslarga qarshi, Moskvaga qarshi aytgan gaplariga ishongandim. Bu haqda “IAK”da batafsil yozganman. O’shanda u juda ham samimiy gapirgandi. Qolaversa, men u paytda bir katta jumhuriyatning rahbari xalqni ochiq aldashi mumkin degan xayoldan yiroqda edim.

Ikkinchisi, 1991 yil 7 sessiyadan o’n kunlar keyin u bir necha deputatni kabinetiga chaqirib, ko’ziga yosh oldi׃

-Mana sessiyada ko’rdingizlar, mening yonimda hech kim yo’q edi. Xo’sh, men kimga suyanishim kerak? Bular bilan ishlash oson emas. Hammasi intriganing ustasi bo’lib ketgan. Meni ko’zimni ochdingizlar… Men ham odam, mening ham oilam, bolalarim bor. Ularning ko’ziga ota sifatida tik qarashni istayman…

Ijodkormiz. “Birovning ko’nglini og’ritmoq Ka’baga o’t qo’yish va Qur’onni kuydirishdan ham og’ir” degan sovetona falsafalar ta’sirida ulg’ayganmiz. Hatto bugun ham odamlarning 15 yil davomida qilgan o’ta jiddiy xatolarini kechirishga chorlovlarni eshitganimda o’sha kunlar yodimga tushadi.

Karimovning׃

-Kim xato qilmaydi? Men ham xato qildim. Aslida sizlarga, yosh avlodga, yangicha qarashlarga ishonishim kerak ekan! Meni kechiringlar!,-deya qilgan iltijosidan keyin hammamiz boshimizni egib qolganimiz va ko’nglimizdan esa bugungi kabi “Tangri kechirguvchi, biz nega kechirmaylik” degan tanish falsafa kechgan.

Ha, o’shanda Karimovga ikkinchi marta ishongandim. Kap-katta odam ko’ziga yosh olib tursa, qanday qilib ishonmaysiz? Sizdan yoshi ulug’ odam yolvorib uzr so’rab tursa, qanday rad etasiz?

O’sha kun uyga juda xafa qaytdim. Biz balki xato qilmoqdamizmi, deb ham o’yladim. O’shanda ilk bor yuragim sanchgan va ilk bor “valerianka” degan narsani ichganman.

Karimovning yig’lagani haqida televidenieda shoir Shukrullo bilan muloqot paytida ham eslatib o’tganman. Karimovning bayrog’i ostida ishlashga samimiyat bilan rozi bo’lganimdan keyin uning buyuk yolg’onchi ekanligini kashf qilish uchun ko’p vaqt kerak bo’lmadi. 4 oyda undan yuz o’girdim va bor gapning hammasini yozma ravishda iste’fonomamga bitganman, jumladan Karimovning yolg’onlarini ham. Bu iste’fonomaning nusxasini “Erk” gazetasining birinchi sahifasidan tsenzura yulib olgandi.

Ana shu qisqa vaqtda o’tgan ikki davrdagi alg’ov-dalg’ovli voqealarni muqoyasa qilib, tushundimki, Karimov raqiblarini aldashda juda mahoratli artist ekan. U aldashni san’at darajasiga ko’targan va bu borada juda va juda qobiliyatli. Bunday odamdan uzoq turishgina uning makridan asrashi mumkin.

Bilasiz, u minbarga chiqqanda shunaqa jo’shib gapirardiki, televizordan buni ko’rib turgan har qanday odam ham ishonardi.

-Karimovga qiyin, u erda Jo’rabekov, Alimov degan katta-katta bo’rilar o’tiribdi, bechoraning kuyib-pishib gapirishini qarang!- degan gaplarni juda ko’p eshitganman.

Bir kun u taniqli arbob Nazir Rajabovni chaqirtiribdi.

Nazir aka qamoqda ekanligida samarqandliklar Karimovni uni himoya qilishga chaqirdilar.

O’shanda Karimov׃

-Men Nazir bilan birga o’qiganman. U yaqinda qamoqdan chiqibdi. Oqlangani haqida qog’ozni olsin, uni ishga tiklamasam, nomarad odamman,-dedi.

Ammo Nazir Rajabov oqlangach, uni o’z ishiga tiklamadi. Chunki Karimov o’zini Markazkomning plenumida himoya qilib chiqqan Po’lat Abdurahmonovni bo’shatish niyati yo’q edi. Vaqt o’tib, Nazir akani chaqirdi. Nazir aka unga ishonmas edi. Ammo o’sha kun Karimovning qabulidan chiqib, mening xonamga keldi va׃

-Samarqandga birga boramiz, menga kim bilan ishlaysiz degan edi, sizni aytdim, birgalashib Samarqandni ko’taramiz,-dedi.

-Ishondingizmi,-dedim men unga o’z iborasini qaytarib.

Chunki har safar bu so’zni bizga Nazir aka aytar edi. U Rashidov paytida Buxoroda, keyin Markazkomda ishlagan, Namangan va Samarqand viloyatlarini boshqargan, xalq ichida yaxshi nom qozongan tajribali odam edi. Qamalib, oqlanib chiqqach, Buxorodan mustaqil deputat etib saylangandi.

-Ko’ziga yosh oldi. Talabalik yillarimizni esladik. Atrofida odam yo’qligi, hamma ish bir o’ziga qolganini aytdi. Erkak kishi osonlikcha ko’ziga yosh olmaydi,-dedi Nazir aka.

Ammo u 1991 yildagi saylov oldidan Nazir akani ham aldagan ekan. Ko’p o’tmay uni quvg’inga oldi.

Yaqinda Karimovning 1990 yillar boshida bir guruh chet ellik muxbirlar bilan uchrashgani tasvirlangan videoni ko’rdim. Tarjimon – Fotih Teshaboev. Tarjimonlikdan birdaniga Tashqi ishlar vazirining birinchi o’rinbosari, keyin O’zbekistonning AQShdagi elchisi bo’lgan odam.

Karimovning׃

-Nega men ko’p gapirayapmanu sen qisqa tarjima qilayapsan?,-deb tarjimonni koyigani bu uchrashuvni kuzatganlarning yodida bo’lsa kerak.

Ana o’shanda Karimov Farg’ona, Parkent voqealari haqida gapirib, ko’zi namlanib, “U erlarda mening jigarbandlarim o’ldi” degan ekan.

Mening esa yodimga Parkent komissiyasi topgan hujjatlar va bu ishning boshida Karimovning o’zi turgani, keyin bu komissiyaning ishini yopib tashlagani keldi.

Ana shularning hammasini bir joyga to’plab, uning Andijon voqealaridan keyin Respublika prokuraturasida o’tayotgan matbuot konferentsiyasiga kirib borib, aytgan gaplarini esladim va haliga qadar u artislik mahoratini ustalik bilan qo’llanmoqda, deb o’yladim.

Ana shu mahorat jamiyatning barcha qatlamlariga yuqdi. Matbuotdan boshlab, tuman hokimlariga qadar hamma-hamma ko’zda yosh mo’ltirab xalqni aldashni odat qildi. Erkin Vohidovlar ko’zda yosh bilan “Sizga otilgan o’q menga tegsin” deyishga qadar etib borishdi…

1992 yil. Yanvar. Toshkent shahar partiya faollari yig’ilishi. Mavzu Talabalar shaharchasida yuz bergan qonli voqea. Minbarda Islom Karimov׃

-Menga olti oy vaqt beringlar! Agar mana shu olti oyda hayotlaringni tuzatib bermasam, bu mansabni mana o’zim tashlab ketaman, nomardman, agar so’zimdan qaytsam!

2006 yil. Yana minbarda Islom Karimov׃

-Men bu xalq, bu mamlakatning kelajagi uchun jonimni berishga tayyorman!

Juda ko’p takrorlangan gap bu. G’ayriqonuniy ravishda egallab turilgan taxtni bu xalq, bu mamlakatning kelajagi uchun bera olmagan odam, jonini bera oladimi?

Yolg’on ham evi bilan-da!

25.SIYOSATDAN UZOQLASHTIRISH

O’zbekistonda siyosat haqida gaplashish eng tahlikali ishdir.(Xabarlar oqimidan).

Qaynotam 76 yoshda. Ismlari Olim. O’zlari ham olim, o’qimishli odam. Hali ham tinmay kitob o’qiydilar. Ammo siyosatdan gap ochmaydilar. Men ham gaplashganimizda bu tamoyilga to’la rioya qilaman.

Bir kun buqoq bo’yicha taniqli olim Rajabbek Islombekovning rus tilida yozilgan hujjatli-romani haqida gapirib, unda muallif ikkinchi jahon urushi paytida talaba ekan, Mirzacho’lga toshbaqa tergani olib borishganini yozganini aytdilar.

Keyin׃

-Bu menga bir voqeani eslatdi,-dedilar,-Urush yillari temir yo’l xizmatida ishlaganlar harbiy sohaga oid odamlar hisoblanardi. Xalq haqida hech kim o’ylamasa ham, temiryo’lchilar haqida o’ylashardi. Bu Stalinning topshirig’i edi. Samarqand vokzaliga haftada bir marta, bir vagonda toshbaqa olib kelishardi va vokzal yonidagi “Gigant” oshxonasida, bu hozir ham bor, toshbaqani pishirib, temiryo’lchilarga berishardi. Ular  “Tovuq egandek bo’ldik” deyishardi. Bir kun toshbaqa ortilgan vagonni qarshilagan bir temiryo’lchi ruschalab “Ana Stalinning tovuqchalari” (“Stalinskie kurochki”) keldi degan ekan, uni ushlab ketishdi. Shu-shu undan darak bo’lmadi…

Qaynotaming uylari vokzalning yonida bo’lgani uchun ham ko’p xotiralari shu joy bilan bog’liq. Men u kishining xotiralarini eshitdim-da, indamadim. Chunki mening xayolimga boshqa narsa, bugungi siyosat bilan bog’liq gaplar kelgandi.

Bugungi siyosat haqida gapirib, keksa odamni tahlikaga solmaslik uchun yaxshisi indamay qo’yaman. Chunki bugun siyosat haqida gapirish siyosatchilar, jurnalistlar, ziyolillar bilan birga keksa odamlarga ham tahlikali.

Xorazmlik 70 yoshli mashhur tadbirkor Isoqjon ota Abdullaevni o’yladim. Keksayib qolgan otaxon avvaliga Karimovga xat yozib, adolat istadi. Orada kimdir unga “Agar siz Karimovni maqtasangiz, u sizni qiynayotgan odamlarning dodini beradi” degan ekan. Shunday ham qilib ko’rdi. Bo’lmadi. Uning savollari, adolat yo’lidagi intilishlari doim o’zining mulkiga aylanib qolaverdi. Oxiri u suv qulog’ining boshida Karimovning o’zi turganini angladi. Uni tanqid qila boshlagandi, shavqatsiz qo’l uni panjara ortiga tashladi-11 yilga! Chunki Karimovning nomini aytish, uni tanqid qilish – siyosat. Siyosatga aralashdingizmi, tamom!

Keyin qashqadaryolik 70 yoshli Yodgor Turlibekov haqida o’yladim. “Amerika ovozi”da ishlaganimda bu insondan ko’p suhbatlar olganman. Uning dunyo qarashi keng, mulohazasi chuqur. U bir qancha maqolalar ham yozdi. Maqolalari xalq dardi bilan yo’g’rilgan. U ham kalavaning uchi kimga borib taqalishini bilib, buni ochiq ayta boshlagandi, zindonband etishdi.

1991 yil O’zbekiston televideniesida “Navro’z marafoni”ni o’tkazdik. Jurnalist Dadaxon Yoqubov bilan ikkalamiz 36 soat tinmay, jonli dasturni boshqardik. Butun mamlakat oyoqqa qalqib ketdi. Odamlar bir necha joyda o’rnatilgan telekameralar yoniga kelishga oshiqardilar. Shoiru san’atkorlardan tortib, dindoru ateistlarga qadar hamma bu dasturga qo’shilishni istardi. Hatto Karimovning o’zi ham keksa otaxonlar o’tirgan so’rining yoniga kelib, “Qani bir qo’llaringni ochib, duo qilinglar, ishlarimiz o’ngidan kelsin” degandi. U o’shanda otaxonlar haqida gapirib, ularni “Bahosini belgilab bo’lmaydigan xazina” degan edi. Ammo bu xazina o’zigagina oid bo’lishini istadi. Hamma joyda otaxonlar uni maqtashlarini qo’lladi. Ozgina savol berib, siyosatga aralashganlarini tahqirladi, jazoladi.

1990 yillarning boshida Karimovning tug’ilgan kunida uning beliga oltin kamar taqishdi. Bu ishni oqsoqollar nomidan vakil qilingan hofiz Orif Alimahsumov bajardi. U Karimovni “Boshimizga qo’ngan humo qushi” deb atadi. Shundan keyin bu otaxon Karimov bilan tez-tez birga ko’rinadigan va tez-tez mukofotlar olib turadigan bo’ldi. Ammo birdan ko’rinmay qoldi. AQShga kelib, mardikorlik qilishga majbur bo’lgan favqulodda mahoratli dutorchi va taniqli olim Abdurahim Hamidovdan u haqda so’ragandim, quyidagi voqeani aytib berdi.

-Bir kun oqsoqol “Katta”ning huzuriga borib, xalqning bir – ikki arzi-dodi bitilgan xat bor edi, shuni o’zingiz bir ko’rsangiz, odamlar ahvolimiz og’irlashib ketmoqda, deyishmoqda, debdi. “Katta” xatni qo’liga ham olmay, o’rnidan turib, Orif otani kabinetining derazasi tomonga chorlabdi. Ular pastga Anhor ustidan o’tadigan yo’lga qarashibdi.

-Chol, qani sanang-chi, ana u o’tayotgan mashinalardan nechtasi “Mersedes”?

“Katta”ning “Chol” deyishidan Orif ota qo’rqib qolibdi va׃

-Manimcha hammasi “Mersedes”,-debdi.

-Unday bo’lsa, ana u arizani biror joyingizga tiqib qo’ying,-debdi “Katta”.

Shundan keyin Orif ota ancha yotib qoldilar. Oxirgi marta gaplashganimda o’sha xatni olib borganlariga pushaymon edilar…

Kechagina buxorolik 72 yoshli Salim Sharipov haqida o’qidim. Adolatsiz sud unga bir yil jazo bergan. U norozi va adolatni tiklay olmay sarson-sargardon ekan.

Shuning uchun ham men qaynotam bilan siyosat haqida gaplashmayman. Har holda siz ham otangiz yoki qaynotangiz bilan Karimov haqida gaplashmasangiz kerak. Devorning qulog’i bor. Yoki ular biror davrada gapirib yuborsalar bormi?

Ko’rdingiz-mi, naqadar ehtiyot bo’ldik. Demak, Karimov maqsadiga erishdi. Uning kashfiyoti unga ish berdi. Bunga yana dalil kerak-mi? Marhamat׃

2006 yilning 19 avgustida jurnalist Davlat Qudrat Bi-Bi-Sida Samarqanddan hikoya qildi. Uning mana bu gaplari ham Karimovning kashfiyoti qanchalik ish bergani borasida׃

“…Ertasi kuni Tohir bobo meni qishloqdagi qarindoshining to’yiga taklif etdi. Biz aytilgan vaqt – ertalabki soat 7 da to’yxonaga kirib bordik. To’yga kelganlarning aksariyati keksa kishilar edi… Davradagi suhbat esa avval narxu-navodan boshlanib, mardikorlar-u Rossiyaga ish izlab ketgan qo’ni-qo’shnilarga ulanib borardi. Kimdir yaqinining Rossiyadan mayib bo’lib qaytganini, boshqasi esa kimningdir jasadi keltirilgani yoki bedarak yo’qolgani haqida gapirardi. Suhbat qanchalik qizimasin, davradagilar siyosat haqida lom-mim demas, oldin kuzatganim – O’zbekiston prezidentining xizmatlari to’g’risida ham og’iz ochishmadi. Men O’zbekistondagi siyosiy vaziyat haqida ular fikrini bilish uchun endigina savolga og’iz juftlagandim, Tohir boboning imosi meni to’xtatdi”.

26. VOZ KECHDIRISH

O’zbekistonda siyosiy sabablar bilan sudga tortilganlar advokat yordamidan voz kechmoqdalar.(Xabarlar oqimidan).

1990 yillarning boshida mirshablar inson huquqlari faoli Abdumannob Po’latovni Bishkekdagi xalqaro anjumandan ushlab kelishdi. Sud boshlandi. Katta shov-shuv ko’tarildi.

Yaqinda o’sha kezda prezidentning matbuot kotibiyatida ishlagan bir tanishim bilan gaplashib qoldim. Uning aytishicha, shov-shuvni ko’rib Karimov huquq tartibot sohasi bo’yicha maslahatchisi Temur Alimovga׃

-To’xtat! Yo’qot! Bas qil! –deya baqirgan ekan.

Darhaqiqat, prezidentning amri  bilan Abdumannob Po’latovni sud zalidan chiqarib yuborishdi. U darhol xorijga ketdi. Kazo-kazolarning sarson-sargardon bo’lib ushlab kelganlari esa o’zlariga qoldi.

Shunday keyin bu borada har odimni ipidan-ignasiga qadar spektakl tarzida oldindan yozib, Karimovning o’zi bilan maslahat qilib olingandan keyin tomosha ko’rsatishga o’tildi.

Ma’lumki, huquqshunoslikda “Vishinskiy uslubi” degan gap bor. Buni Beriyaga bog’lab ham aytishadi. Nima bo’lganda ham Stalin davrida kashf etilgan bu uslubga ko’ra, mahbusning o’zi har qanday aybga iqror bo’ladi. U hech qanday aloqasi bo’lmagan holda ham o’zini “sotqin”, “qotil”, “Stalinga qarshi suiqasdchi” deb baralla aytadi, yozadi, imzolaydi. Shundan keyin uni otib tashlashadi yoki umrbod zindonband etishadi.

Karimov rejimining dastlabki 14 yili davomida ana shu usul qo’llanildi. Ming-ming odamlar “emagan somsa uchun pul to’ladilar”. Albatta Karimov “Vishinskiy uslubi”ni takomillashtirib bordi. Uning yangi-yangi qirralarini ochdi. Masalan, mahbus iqror bo’lmasa ham sud unga׃ “Sen shuni qilgansan” deb aybni bo’yniga osishi shulardan biridir.

Sirdaryoda o’tgan bir yopiq sud haqidagi xabarlar yodingizda bo’lsa kerak. Yashirin kamera bilan videotasmaga tushirilgan bu sud jarayonida shunday hol kuzatiladi. Sudya mahbusga׃

-Sen “Vahobiy”san va seni konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz qilishda ayblab, 159 modda bilan 20 yilga jazolash talab qilinmoqda,-deydi.

Shunda mahbus׃

-Ha, men bu tuzumga qarshiman. Lekin o’sha “vahobiy” degan joyini tuzatinglar. Men Xudoga ham, vahob-pahobga ham ishonmayman, men kommunistman, Sarvar Azimov tuzgan Kommunistik partiyaning a’zosiman, men Karimovning gaplariga ham ishonmayman, uning o’zi ham aslida kommunist, unga qarshi bo’lganim uchun meni “vahobiy” deb qamatmoqchi,-deydi.

-Sen osmondan kelma,-deya unga qarshilik ko’rsatadi yopiq sudga raislik qilayotgan hakam.- Prokuror seni “vahobiy” dedimi, uning dalili etarli. Mana hozirgi gaplaring ham buni isbotlamoqda. Sen “vahobiy”likning ta’siriga tushgansan va bu rejimga qarshi bosh ko’targansan. Aslida buning jazosi-otuv!

-Mayli otuvga hukm qiling, lekin “vahobiy” emas, kommunist bo’lganimni ayting!

-Kommunistga otuv hukmi chiqarish yoki 20 yil jazo berish haqida hali qonun chiqmadi. Shuning uchun hozircha senga “vahobiy” deb 20 yil beraman va yangi qonun chiqsa, keyin ishingni qayta ko’rib chiqamiz…

Bu latifanamo sud. Ammo bu sudning videotasmasi dunyo aylangach, Karimov sudlarni yanada takomillashtirish ustida bosh qotirdi. Dunyoni ishontiirsh uchun endi mahbusdan majburiy tarzda olingan iqrorni videotasmaga yozdirib, suddan oldin televidenie orqali ko’rsatishga o’tildi. 1999, 2004 portlashlari va Andijon voqealari sudlaridan oldingi teleko’rsatuvlarning o’zi ham bunga misol.

Ulug’ adib Mamadali Mahmudov(Evril Turon)ning O’zbekiston televideniesida ko’rsatilgan iqrori yodingizdadur. Bu maxsus filmga ham kiritilgan. Bu videoyozuvni suratga olishda qatnashgan IIV polkovnigi Aziz Ernazarov׃

-Bu kadrni yozguncha hammaning ona suti og’ziga keldi,-deganini O’zbekiston televideniesida ishlaydigan jurnalistlar eshitib qolgani haqida o’qigandim. Adibning o’zi ham qamoqdan yozgan va umumning diqqatiga tushgan maktublarida buni tasdiqlagan.

Andijon voqealari yuzasidan tayyorlangan tomosha-sudlar ham oldingilari kabi Karimovni qoniqtirmagan. U mazkur sudlar haqida dunyo matbuotida yozilganda Vishinskiy va Beriyaning nomlari tilga olinishidan norozi bo’lgan.

Ana shularning hammasidan keyin Karimov kashfiyot yaratdi. Shov-shuvlarga asos bo’ladigan sudlar boshlanishidan oldin mahbuslar advokat yordamidan voz kechadilar va sud imi-jimida, mahbusning talabi bilan yopiq tarzda o’tadi.

Dalillarga murojaat qilamiz׃

“Sud jarayoni ochiq deb elon qilingandi, lekin sud raisining talabi bilan yopiq holda o’tkazilmoqda. Sud boshidayoq Dadaxon Hasanov yuqori mansabli mulozimlarning bosimi ostida o’z himoyachilari va advokatdan voz kechdi. Sud raisi Ilhom Jalolov, maslahatchilar Rahimov, Isoqov, ayblovchi Hayitovdan iborat “to’rtlik” tomonidan o’tkazildi.(Sur’at Ikromov, 2006 yil, 11 sentyabr, http://www.uzbekcongress.org).

Malumki, 2005 yil Andijon voqealari bo’yicha “Birlik” partiyasi faollari Hamdam Sulaymon (partiya raisining o’rinbosari), Akbar Oripov (partiyaning Andijon viloyati tashkiloti raisi) , Musajon Bobojonov (partiyaning Marhamat tuman tashkiloti raisi), Nurmuhammad Azizov (ayni zamonda O’zbekiston Inson huquqlari jamiyatining faoli), Dilmurod Muhiddinov (ayni zamonda “Ezgulik”ning Marhamat tuman bo’limi raisi), Muhammadqodir Otaxonov (ayni zamonda Shaxs huquqi himoyasi komitetining faoli) qamalishgandi. Ularning sud jarayonlarini nazarda tutib, (2006 11 Sentyabrda “Birlik” sayti Dadaxon Hasanov haqida xabar qilar ekan-JM), quyidagilarni ham yozgandi׃

“Toshkentdagi ish bo’yicha faqat bir ayblanuvchi bor edi – bu Dadaxon Hasan. U kishi yumshoqroq jazo olish uchun bir narsani qurbon qildilar, ya’ni oshkoralikni. Biz o’zbeklar uchun oshkoralik “havodek” lozim bo’lmagani uchun, bu voqea jamiyat tomonidan normal qabul qilinsa kerak, deydi muxbirimiz. Qolaversa, Dadaxon aka birinchi misol emas. O’tgan yili sud qilingan 5 nafar “Birlik” faoli ham shu yo’lni tanlashgan edi.(2006 yil, 11 Sentyabr. http://www.harakat net).

Bu erda Dadaxon Hasan yoki boshqa sudga tortilganlarga dakki berish emas, balki bu kashfiyotning muallifini ayblash mantiqli bo’ladi. Chunki rejim mana shunday natijaga erishmoq uchun hamma narsani ishga soladi va yuqorining kashfiyotini amalga oshirish yo’lida har qanday insonni sindiradi.

“Nigora Hidoyatovaning singlisi ma’lum qilishicha, sudlanuvchi o’zini noodatiy tarzda tutgan. Qo’lida Bibliya bo’lgan va advokatdan voz kechishini aytib, sudning yopiq o’tishini talab qilgan. (Bi-bi-si, 25 Yanvar, 2006).

“Jizzaxlik jurnalist hibsga olinganidan o’n kundan keyingina katta qiyinchiliklar bilan Haydarov bilan uchrashishga erishgan rafiqasi uning salomatligi birdan yomonlashganini sezgan: Ulug’bek o’zini yaxshi tuta olmagan, uning diqqat jamlashi qiyin bo’lib qolgan, o’zini parishonxotir kishilarday tutgan, to’xtalib-tutilib gapirgan va psixotrop dorilar berilgan kishiday ko’rinishda bo’lgan. Xotinining “Sizga qanday munosabatda bo’layaptilar?” degan savoliga javoban Ulug’bekning ko’zlari ola-kula bo’lib ketgan va bunaqa narsalar haqida mutlaqo so’ramaslikni o’tingan. Huquq himoyachisi Sur’at Ikromovga ko’ra, Haydarovni o’z aybiga iqror qilayotgan paytda “kuch ishlatar tuzilma xodimlari tergov hibsxonasida unga bosim o’tkazgan va advokatlardan voz kechishga majbur etgan bo’lishlari mumkin”. Ulug’bek mahkama jarayoni boshlanishida ana shunday qilgan.”(www.ferghana.ru).

Aslida bunday sudlar haqida internetda batafsil ma’lumotlar bor va ular olimlar tomonidan jamlanib tahlil qilinish vaqtini kutmoqda.

Xullas, hech shubha yo’q-ki zolim Karimovning bu “kashfiyoti” sudlov tarixiga kechadi va Vishinskiy, Beriyalar uslubi kabi umrbod qoralanadi.

27. IHOTALASH

O’zbekistonda rejimga muxolif bo’lganlar jamiyatdan ajratib qo’yiladilar.(Xabarlar oqimidan).

Bir kun Toshbo’ri Qilichev telefon qildi׃

-Ertaga Rahmatulla Abdullaevich kelyaptilar, vaqtingiz bo’lsa, siz ham Sovetobodga keling, u kishi sizni ham taklif qilishimni aytdilar,-dedi.

Sovetobod hozirgi Nurobod tumani. Toshbo’ri aka shu rayonda birinchi kotib edi. Keyin Samarqand viloyat ijroiya qo’mitasining raisi bo’ldi. Xokisor, kamtar va samimiy odam edi. Doim yuzi kulib turardi. Adabiyot uning ikkinchi hayoti edi. Shuning uchun ham jurnalistlar, adiblarni juda hurmat qilar va vaqtining aksar qismini ular bilan o’tkazishga intilardi. Tuy qilganda davraning to’rida partiya arboblari emas, O’zbekistonning deyarli barcha yozuvchi-shoirlari o’tirgandi.

Rahmatulla Abdullaev esa, Samarqand tumanida birinchi kotib bo’lgan va keyin Meva-sabzavotchilik vaziri edi. Rahmatulla akani 1980 yillardan beri tanirdim. Toshbo’ri aka ham buni bilardi va balki shuning uchun meni ham taklif qilmoqda, deb o’yladim. Ayni paytda Sovetobod tumani cho’l joyda va asosan chorvachilik hamda don mahsulotlari etishtirishga ixtisoslashgan tuman bo’lib, Meva-sabzavotchilik vazirining bu joyda nima ishi borligini ham tushunmadim.

Keyin bilsam, Toshbo’ri aka cho’lda bir sovxozni sabzavot hamda polizchilikka ixtisoslashtirmoqchi bo’lib, vazirni taklif qilgan ekan. Shu bois men “Sovet O’zbekistoni” gazetasining viloyat bo’yicha muxbiri bo’lganim uchun yangilikni yoyish maqsadida taklif etgan bo’lsa kerak, deb o’yladim. Ammo bu hali reja ekanligini aytib, bu haqda yozmay turishimni iltimos qildi.

Gap shundaki, bir kun bahslashganimizda Rahmatulla aka mendan

-Ihota daraxtini ko’rganmisiz?-deb so’ragan va men

-Yo’q,-degan ekanman. U kishi menga ana shu ihota daraxtlarini ko’rsatishni diliga tuygan ekan.

Sovetobodda Toshbo’ri aka aytgan sovxozga yaqinlashganimizda bir joyda to’xtadik va Rahmatilla aka menga׃

-Jahongirbek, mana shu ihota daraxti,- bo’ladi dedi.

Gapning davomini Toshbo’ri aka ilib ketdi:

-Aslida “ihota”, “ihotalash” degani atrofni o’rab olish degani. Mana bu daraxtlarning esa ildizi er tagiga kirib ketadi va qidirib qidirib o’ziga suv topadi. Cho’lu biyobonda o’saveradi. Asosan garmsel, shamoldan to’sish uchun ekiladi. Biz avval bu atrofni o’rab oldik, mana endi poliz qilmoqchimiz, xalqimizning dasturxonidagi quruq nonning yoniga boshqa narsa ham qo’shilsin…

O’zbekiston mustaqil bo’lgandan keyin kim rejimga, Karimov siyosatiga qarshi bo’lsa, jamiyatdan ajratib, ihotalab qo’yish tajribasi qo’llanila boshlandi.

Bunda birinchi galda ishingiz ko’z ostiga olinadi. Sizni bu ishdan chetlashtirishadi.

Ikkinchi galda doim nazorat ostida bo’lasiz. Atrofingizga ko’rinmas “ihota daraxtlari” ekib tashlanadi.

Uchinchi galda yilda bir necha marta har narsani bahona qilib, uyingizda tintuv o’tkazishadi. Agar muxolifat majlislarida yoki boshqa tadbirlarida ko’zga tashlanib qolsangiz, ihota chegarasini buzganingiz uchun jazolanasiz. Uydan har balo chiqishi mumkin.

1992 yilda Prezidentning shaxsan o’zi ihotalanishi kerak bo’lgan shaxslar ro’yxatini qildi. O’sha yilning oxirlarida Karimov qo’l ostidagi ro’yxat bo’yicha har kuni “Falonchi qaerda, nima bilan shug’ullanayapti” deb so’rab turganini eshitgandim. Keyin bu ro’yxatning nusxasini bosh yordamchi Ravil Qodirovda ko’rdim. Chunki u mendan har kuni qaerda ekanligimni surishtirardi.

Bir kuni Devonga borib, u bilan tortishib qoldim. Oxiri u “Mana, aka, majburman” deb qo’lidagi ro’yxatni ko’rsatdi va “Buni ko’rsatganimni bilsalar, boshim ketadi”, deb aytdi. U asli Mirsaidovning odami bo’lgani uchun hali ham Karimovga nisbatan sovuqroq edi. Aks taqdirda kallasidan ajralsa ham ko’rsatmasligi aniq.

Bir necha yil Karimovning qavatida bo’lgan va hozir AQShga kelib siyosiy boshpana olish umidida yurgan bir kishi o’sha ro’yxatning nusxasini yaqinda menga yubordi. Ro’yxat rus tilida tayyorlangan va alfabet bo’yicha tuzilgani uchun asl holatini buzmadim.

1.Abidov Yadgar

2.Atadjanov Palvan

3.Axunov Pulat

4.Burxanov Rinat

5.Djuraev Murad

6.Inayatova Vasilya

7.Isxakov Fayzulla

8.Ishnazarov Xamza

9.Yigitaliev Sadikdjan

10.Kabilov Meli

11.Kadirov Baxtiyar

12.Karimov Shadi

13.Karimov Alim

14.Kukanov Samandar

15.Kuchkarov Alidjan,

16.Madaminov Salay

17.Mamatov Djaxangir

18.Mamatova Aygul

19.Mirsaidov Shukrulla

20.Muxtarov Axmadjan

21.Nazarov Abid

22.Nazirov Radjab

23.Nusratov Shuxrat

24.Pulatov Abdumannap

25.Pulatov Abduraxim

26.Ruzimuradov Shavruk

27.Saidov Nasrulla

28.Tulyaganova Tayiba

29.Tursunov Inamjon

30.Umarova Mukaddam

31.Usmanov Anvar

32.Utaev Abdulla

33.Fayziev Imam

34.Xasanov Dadaxon

35.Yuldashev Taxir

36.Yakvalxadjaev Furkat

Bu erda Karimov o’zi bevosita tanigan yoki bilgan, o’zi shubha qilgan yoki qo’lga olish kerak bo’lgan muxoliflarinigina ro’yxatga kiritgan.

Xuddi shu tartibda viloyatlarda hokimlarning ham o’z ro’yxatini tuzdirgan. Keyin hammasini birlashtirib IIV va MXX nazoratiga oldirgan. Shu zayl butun muxoliflar chor atrofdan ihotalab qo’yilgan.

21 nafari xalq deputatlari bo’lgan yuqoridagi ro’yxatda ismi keltirilgan sobiq O’zbekiston xalq noibi Nasrullo Saidovning bir maqolasidan olingan mana bu parcha esa, ihotalash siyosatining davomiyligini ko’rsatadi.

“1990 yildan xozirgacha tinmay mendan so’rashadi, so’roqqa tutishadi… 1993-1994 yillarda men boshliq bo’lgan qurilish tashkiloti (PMK)ni 1 yilu 2 oy mobaynida taftish qilishdi. Katta bir qurilish tashkiloti rahbarining o’t bilan o’ynashib, muxolifatga o’tishida bir sir bor, deb uyladi ular. Taftish davomida topilgan narsa shu bo’ldiki, tashkilotning 250 ishchisining hammasi “Erk”ka kirgan, ularning hammasi tashkilot hisobidan “Erk” gazetasiga obuna qilingan. Tergov ishi engil jazo bilan chegaralandi, chunki og’irlari hali oldinda edi.

1994 yil 20 fevral (tug’ilgan kunim) yarim tunda uyga 20 ga yakin militsiya xodimi bostirib keldi. Qo’lida Vobkent tuman prokurori U.Hamidovning sanktsiyasi, “Erk” gazetasini izlab, tintuv o’tkazilarmish. Tintuv erta tonggacha davom etdi, ammo gazeta topilmadi. Birok 5 go’dagim yotadigan, bolalar xonasidagi shkafdan, qizchalarimni kiyimlari orasidan jangovor granata “topildi” (2006 yil, 21 Sentyabr, http://www.uzbekcongress.org).

Xuddi ana shu manzara barcha muxolifatchilarning boshiga keldi va kelmoqda. Bugun rejimga muxolif bo’lganlar iqtisodiy jihatdan juda qiyin sharoitlarda yashayotganlari ham ana shundan.

28.KALLAGA KELGANINI QILISH

O’zbekiston siyosatida yuz beradigan voqealarning har biri bitta latifadir. (Xabarlar oqimidan).

Karimov “kashfiyotlari” borasida gap ketar ekan, bitta shaxs shuncha narsani o’ylab topsa va amalga oshirsa, demak uning qobiliyatiga qoyil qolish kerak, deganlar ham bo’lishi aniq. Buning ustiga hammamiz “Tarixda shaxsning roli yo’q, shaxsni muhit etishtiradi” kabi nazariyalar ta’sirida ulg’ayganimizni hisobga olsak bu savol yanada bo’rtib ko’rinadi.

Ikkinchi bir guruh esa, hamma narsa Xudodan, balki Karimov ham bu xalqning boshiga Xudoning yuborgan balosidur, aybni o’zimizdan ham izlaylik, deyishi mumkin.

Yana bir toifa esa, har qanday odamning kamchiliklari va yutuqlari bor, Karimovga ham shu nuqtai nazardan qarash kerak, deyishi mumkin. Nafaqat deyishi mumkin, balki shunday savollarni tez-tez olib ham turaman. Ana shunda olis bir qishloqdagi otaxon yodimga tushadi.

Bir kun Jomboy tumanining G’o’bdin adrlari etagidagi bir qishlog’iga bordik. Quduq yonida o’tirgan keksa bir otaxon ko’zimizga xo’jai Xizirdek ko’rindi. Oppoq soqoli ko’ksiga tushgan, sochlari ham qor kabi oq, egnida ham oppoq kiyim. U quduq atrofiga terilgan xarsang toshlar ustida o’tirib, biz kelayotgan tomonga termulib turardi. Biz suv ichish bahonasida otaxonning yonida o’tirib, biroz suhbatlashdik.

U bizning kimligimizni so’ramadi, ammo׃

-Shu yangi poshshoga borib aytsangizlar, mana bu yo’lni aspalt qilib bersa!,-dedi.

-Otaxon bu gapning poshshoga nima daxli bor? Mana men deputatman, o’zim shu erdagi rahbarlarga aytib, yo’lingizni asfalt qilib berdiraman,-dedim men.

-He, bolam, poshsho aytmasa, bitmaydi, amir poshshodan kelishi kerak!-dedi otaxon o’chakishibroq.

-Hozir boshqa zamon, mana ko’rasiz, poshsho aytmasa ham bitadi,-dedim men ham o’chakishgan ohangda.

Otaxon menga qarab turib jilmaydi-da׃

-Sen kelishing bilan tanigan edim. Bilaman, sen bizning deputat emas, sen narigi tomonga qaraysan. Bizni deputat esa Keldiyor. U biz tomonga kelmaydiyam, kelgani bilan ham baribir poshshoning amri kerak,-dedi.

Dilimga garchi bu tomon mening okrugimga kirmasa ham shu yo’lni asfalt qilib berdiraman, degan niyatni tuydim.

-Bolam, poshshoning yo’lida yurlaring, bo’lmasa ishlaring chatoq bo’ladi, sen hozir dilingga mana shu yo’lni asfalt qilishni tuyding, ammo poshsho bilib qolsa, undan so’roqsiz qilingani uchun bu yo’lni buzib tashlaydi,-dedi.

Haqiqatdan ham xo’jai Xizirga uchradim-mi, deb dilimdagini uqib olganidan hayratlanib qoldim. Otaxon esa, so’zida davom etdi׃

-Agar bir qoziqni taxtga qoqib qo’ysa, o’shanga ham quloq solish kerak, uning izmidan chiqmaslik, arbob bilan o’ynashmaslik lozim!

Mana shu gap otaxon xo’jai Xizir emasligini, ammo ko’pni ko’rgan, o’zimining jaydari otaxonlardan biri ekanligini ko’rsatdi. Men baribir o’sha yo’lni asfalt qildirdim. Oradan ancha o’tib, yo’lim o’sha tomonlarga tushganda otaxonni ziyorat qildim va va’damni bajarganimni eslatdim. Shunda u׃

-Karimof boboga ham salomimni, ham rahmatimni ayt. Agar uning amri bo’lmasa, bu ish bitmasdi,-dedi.

-Otaxon bu ishdan Karimof bobongizni xabari yo’q,-dedim men.

-Er ostidan ilon o’tsa, uning xabari bo’ladi, bu uning sezgirligidan emas, agar taxtga bitta bolakayni mindirib qo’ysang, u ham sezadi. Quloq, burun, ko’z uniki emas, taxtniki. Taxt bu-eshak. Xalacho’ping bo’lsa bas, niqtadingmi, ketaveradi. Oldindan chiqqanga hangraydi, orqadan kelganni tepadi. Biz ming yillardan beri kim bo’lsa ham taxtga minsa, bas, qulluq qilganmiz. Bundan keyin ham omadini berib, kim ham minsa, Karimof bobodan qolishmaydi…

O’shanda otaxon bilan ancha gaplashgan va baribir uning fikri-qarashini zarra qadar ham o’zgartira olmagan edim. Axir ko’p gap eshakka mingan odamga ham bog’liq! Eshakka mingan odam shavqatsiz bo’lsa, eshagini niqtayverib qontalash qiladi, rahmdil odam bo’lsa, eshagining holiga ham qaraydi. Gap man shunda.

Aslida Karimovning “kashfiyotlari” – bu Karrimovning kirdikorlari. Kashfiyot birdan kallaga kelib qolgan narsa, Rasulov degan fizika o’qituvchimizning yaxshi ko’rgan gapi bor edi:

׃-Nyuton olma daraxtining tagida yotganda, boshiga bitta olma kelib tushgan, shunda uning “Nega bu olma teppaga qarab chiqib ketmadi-da pastga tushdi?” deb o’ylagani Erning tortish kuchi degan olamshumul qonun yaratilishiga debocha bo’lgan!

Karimov ham kallasiga kelganini qilmoqda. Lekin birortasi olamshumul kashfiyot darajasiga etmadi. Hammasi kirdikorga aylandi. Agar Nyutonning o’rniga olma daraxtining tagida bizning Karimov yotganda va boshiga olma tushib ketganda, u albatta boshqa narsa-o’ziga suiqasd qilingani haqida o’ylagan va bu olmani ekkan odamni zindonga tiqqan, daraxtni esa, qo’portirib tashlatgan bo’lardi. Farq mana shunda.

Buni hayotda ko’rib turibmiz.

Karimov mashinasida ketayotganda birdan mashina ikki tomonida chinorlar ekilgan yo’lga kiradi. Chinor barglari orasidan Quyosh nurlari lipillay boshlaydi. Xayol surib ketayotgan Karimov bundan cho’chib tushadi va barcha chinorlarni kesib tashlash kerak, degan gap xayoliga keladi. Bu unga kashfiyotdek tuyuladi va voqeani majlisda aytib beradi. Hamma uning topqirligiga qoyil qolib, bosh qimirlatadi, uning kashfiyotini ma’qullaydi. Qarabsizki, nafaqat Toshkentda, balki Samarqand va boshqa joylarda ham chinorlar nafaqat kesiladi, balki ildizi bilan qo’porib tashlanadi.

Yoki, u bir kun o’ylanib qoladi. Nega shuncha yo’qotganim bilan muxoliflarim ko’payib bormoqda? A, ha, chet elliklar ularga pul berib, ularning urug’ini ko’paytirmoqda! Darrov kallasiga kelgan bu gapni majlisda aytadi. Ertasidan boshlab, chet ellik tashkilotlarning jangaliga o’t ketadi. Lekin muxoliflar soni kamaymaydi. Endi, ro’yxat qilib, banklarga berish kerak, deydi. Qarabsizki, ro’yxat ham hozir

O’zbekistonda butun hayot mana shunday, bir kishining kallasiga kelgani bilan davom etmoqda. Kalla esa kashfiyotlar qozoni. Bir kallada ming xayol deb bekorga aytmaymiz-da!

Stalin haqida eshitgandim: u kechasi uyqusi qochishi bilan kallasiga har turli xayollar kelar va birorta rahbarga  telefon qilar ekan׃

-Nima qilayapsan?

-Uxlayotgan edim, o’rtoq Bosh qo’mondon!

“Urush paytida ham uxlaydilar-mi?”

Shu bilan haligi rahbarning ishi bitdi.

Stalinning bu odatini eshitgan boshqa rahbarlar uxlamasdan telefonga tikilib o’tirishadi. Birdan bittasining telefoni jiringlaydi va u׃

-Uxlamasdan, ishlab o’tiribman,- deb javob beradi.

“Hali senmi uxlamaganini menga minnat qiladigan!”

U ham ketdi.

Boshqasi׃

-Ham uxlab, ham ishlab o’tiribman, o’rtoq Stalin,-deydi.

“A, ha, demak, meni aldayapti”.

Bugun O’zbekistonda ham ana shunaqa vaziyat. Haqiqatni aytsangiz ham baloga qolasiz, aytmasangiz ham. Chunki eshakni mingan odam kallasiga kelganini qiladi.

29. TAQLID

O’zbekistonda demokratiyadan boshqa hamma narsada G’arbga taqlid qilinar ekan.(Sayyohning kundaligidan).

Bir kuni Karimov kabinetiga kiradigan eshikning o’ng tomonidagi u yoq-bu yoqqa siljitiladigan shkafda turgan televizor va videomagnitofon yoniga keldi-da׃

-Sizlar meni qandaydir shohga o’xshatibsizlar, latifa aytib yurgan ekansizlar,-dedi xafaqon qiyofada.

Men avvaliga hayron bo’ldim. Keyin Erkin Vohidovga aytib berganim latifa yodimga tushdi׃

Bir kishi to’satdan shoh bo’lib qolibdi. Taxtga o’tirishi bilan hamma tiz cho’kib, uning amriga quloq tutibdi.

-Bugundan boshlab barcha amaldorlar to’p o’yinini o’rgansin!-deb buyuribdi.

Ertasiga ham shohdan amr kutganlar ayni farmonni eshitibdilar. Keyingi kun ham. Shu zayl oradan bir oy o’tibdi va bir kuni devonbegi:

-Shohim bu qanaqa o’yin?-deb so’rashga jazm qilibdi.

-Bu qanaqa o’yin?-deya shoh vaziri a’zamga yuzlanibdi.

Vazir elkasini qisib qolibdi.

-Ahmoq, bu savolni sen boshqaga yo’lla! U esa boshqaga! Boshqasi yana boshqaga! Ana shu-to’p o’yini bo’ladi!-debdi shoh.

-Vazir hayron bo’lib׃

-Shohim, to’p qani?,- degan ekan, shoh qilichini chiqarib, uning kallasini uzib׃

-Mana!-deb javob qilibdi…

Karimovga biz deputatlar iqtisodiy islohotlar borasida bir qancha savollar yo’llagan va u savollarni Mirsaidovga, o’z navbatida Shukrullo Mirsaidov xatimizni Oliy kengash raisi Mirzaolim Ibrohimovga yuborgan. Mirzaolim aka esa, qo’mita raislarini bir-bir chaqirib, ulardan biz bilan gaplashib qo’yishni so’ragan.

Qo’mitamiz raisi Erkin Vohidov savollarimiz haqida gap ochganda, men haliga latifani aytib, savollarni yana qaytadan Karimovga jo’natgan edim.

Shundan keyin Karimov meni chaqirgan va o’zi juda ham band ekanligi, hatto sport bilan shug’ullanishga vaqt topolmayotganini aytib, shuning uchun boshqa mamlakat rahbarlari oldida izza bo’lib qolayotgani, bunda bekordan-bekorga uning vaqtini o’g’irlayotgan bizning aybimiz kattaligini aytdi. Shundan keyin u videomagnitafon tugmasini bosdi.

Rossiya prezidenti Boris Eltsin va Qozog’iston rahbari Nursulton Nazarboev tennis o’ynashmoqda. Atrofda esa, bir necha prezident tomosha qilib turishibdi. Shulardan biri Islom Karimov.

-Ko’rdingizmi, qozoqlarning rahbari qanday o’ynayapti? Boris Nikolaevich hallixlab qolmoqda, shunday katta mamlakatning rahbarini charchatib qo’yish uchun katta trenirovka kerak. Trenirovka-vaqt!

Biroz tortishdik. U baribir savollarimizga javob bermadi. Lekin…

Samarqandda Siyob ko’chasida yashar edik. Dam olish kunlari Samarqandga borardim va har kuni ertalab viloyat hokimi Po’lat Abdurahmonov ko’chamizdan o’tganini ko’rardim. Bir kun u meni ko’rib, to’xtadi va ozgina narida tennis maydonchasi bor ekanligini aytdi. Har kuni u ertalab shu erga kelib, o’yin o’rganar ekan. Birdan u bu joyga qatnamaydigan bo’lib qoldi. Eshitsam, So’g’diyonaga qatnayottgan emish.

So’g’diyona massivida san’atkor Nasiba Abdullaeva yashaydigan uyning qarshisida tennis maydonchasi bor edi. Har holda bu maydoncha qurilishi uy-joy massividan oldin boshlangan va keyin to’xtab qolgandi. Atrofi o’rab olingan bu joy yillar davomida o’t bosib yotdi. Demak, bu tennis korti ishga tushirilibdi.  Ma’lum bo’lishicha, boshqa viloyat rahbarlari ham tenis o’ynashga boshlabdilar.

Toshkentda Oloy bozoriga yaqin joyda yashar edik. Bir kun ertalab bozorning yonidan o’tib, qarshi tomonga borayotgandim, tennis maydonchasini ko’rib qoldim. Qarasam, atrofda hukumat mashinalari, bir qancha vazirlar shu erda… ular ham tennis o’rganayotgan ekanlar.

Shu zayl Prezident kubogi, mamlakat chempionatlari, dunyoning tennischilarini chaqirib, mukofotlar berish boshlanib ketgandi. Karimovning o’zi tennis o’ynashni boshlagandan keyin qovun-qovundan rang oladi, deganlaridek boshqalar ham kirishib ketgan ekanlar.

Mustaqillikdan keyin tennis o’zbeklarning “milliy” sportiga aylanib qolgani ana shunday o’ziga xos tarixga ega.

Rossiyaning Eltsindan keyingi podshosi Putin tennisga emas, boshqa narsalarga qiziqar ekan. Masalan, Putin kurashga qiziqarkan. Putin davrida O’zbekistonda milliy kurashga e’tibor kuchayganiga hech diqqat qildingizmi?

Amerikani so’kishadi-yu aslida hamma narsa Amerikaga taqlidan qilinadi. Klinton prezidentligi davrida u itini ham Oq uyga olib kelish bilan chegaralanmay, safarlarga ham olib chiqdi va hatto oliy darajali mehmonlarni qabul qilishda iti “ishtirok etdi”. Buni Putin ham ilib oldi. Yaqinda eshitsam, Toshkentdagi Oqsaroyda ham it paydo bo’libdi.

Bush prezident bo’lgandan keyin ko’p vaqtini Texasda o’tkaza boshladi. Oliy darajali mehmonlar ham uchrashuv uchun o’sha joyga borishdi. Qarabsizki, Putin muhim qabullarni Sankt-Peterburgda, Karimov esa Samarqandda o’tkazishni odatga kiritdi.

Mustaqillik bayrami oqshomi ko’kka mushaklar otilishi an’anasi ham ruslardan olindi, deb yurardim. Xato qilgan ekanman. Amerikaga kelganimdan keyin bildim. Bu erda har yili AQShning Mustaqillik kuni-4 Iyul oqshomida Vashingtonda, barcha shtatlar markazlarida, turli shaharlarda ko’kka mushak otish odati bor ekan.

Prezident saylanganidan keyingi qasamyod marosimi ham Amerikaga taqlid. Ayniqsa, 1990 yilda hali Kommunistik partiyaning lideri bo’lgan Islom Karimov parlamentda prezident etib saylangach, qo’lini Qur’onning ustiga qo’yib, qasam ichgandi. Bu ham taqlid. Faqat Bibliya o’rnida Qur’on.

Oq uy- Oqsaroy..

Senat-Senat..

Disneyland-Toshkentland…

Va hokazo va hokazo!

Hamma narsaga taqlid qilingani holda demokratiyaga kelganda, “Sharqning o’z demokratiyasi bor” deyilishi tabiiyki, yangilik, o’ziga xos “kashfiyot”dir.

 

30. YILLARNI NOMLASH

O’zbekistonda qaysi yil qanday nom qo’yilishi o’sha yilda o’sha sohada o’pirilishlar yuz berishidan darak bermoqda. (Xabarlar oqimidan).

1988 yilda jurnalistik safar bilan Afg’onistonga bordik. Pulixumri shahrida bir tepalikda ikki asr oldin qurilgan g’arbona saroyda to’xtadik. Bino xuddi to’rt-besh qavatliga o’xshasada, ammo ikki qavatli edi. Birinchi qavati asosan kirish joyi׃ kengish, majlislar zaliga o’xshaydi. Ikkinchi qavatda esa, yotadigan xonalar. Har bir xonaning kattagina balkoni bo’lishiga qaramay, yana bitta umumiy, usti ochiq balkon bo’lib, ziyofatlar shu joyda o’tkazilar ekan. Mahalliy aholi bu saroyni “Yolg’onchi shoh”ning saroyi der ekan. Jurnalist xalqi qiziquvchan xalq bo’ladi. Nega bunday deyishganini bilib olmaguncha, uyqu keladimi? Afg’onlardan biri endi hikoya boshlagandi tog’ tomonda otishma boshlandi. Qop-qorong’u osmon bir zumda xuddi mushakbozlik qilinayotgan kabi yorishib ketdi. O’qlarning vizillab uchganini ko’rib turasiz. Biz darhol o’zimizni ichkariga oldik. Ammo afg’on yo’ldoshlarimiz joylarida o’tiraverdilar.

Yarim soatlardan keyin otishma bir muddatga tindi. Shu orada rivoyatni eshitdik.

Bir yolg’onchi podsho bor ekan. U kasal bo’lib, to’shakka mixlanib qolganda, o’g’liga vasiyat qilibdi׃

-Bu xalq to’g’ri gapni yomon ko’radi. “Haqiqat”, “haqiqat”, degani bilan haqiqatni aytsang, sendan yuz buradi. Rost gap otangga ham yoqmaydi, degani ana shundan. Rost gapirsang, eng yaqin do’stlaringdan ham ayrilib qolasan. Ular ham rost gapni eshitishni istamaydilar. Rost gapni aytgan odamni ginachi, ig’vogar, tuhmatchi, deydilar. Chunki rost gap ularning etagini ko’tarib qo’yishi mumkin-da! Yolg’on esa, xalqning yarmiga yoqmasa ham, yarmiga yoqadi. Hatto gapning yolg’onligini bilib tursa ham, unga ishonishga harakat qiladi. Chunki bu yolg’on unga umid beradi, uning orzulariga mos tushadi, uning niyatlariga yaqin keladi. Lekin o’limim oldidan bir marta rost gapni aytaman. Bilaman, shundan keyin sen meni yomon ko’rasan. Ammo aytmasam, bo’lmaydi. Men bir umr yolg’on gapirdim. Hatto seni ham doim aldab keldim. Aslida sen mening o’g’lim emassan, qo’shni mamlakatni bosib olganda otang va onangni o’ldirib, seni asrab olganman. Hozir bu gapni aytishimning boisi esa, mening o’rnimga qolasan, agar mamlakatni yolg’on bilan boshqarmasang, xalqni aldamasang, podsholik qila olmaysan! O’g’li jahl otiga minib, ko’zlari qonga to’lib, qilichini qinidan chiqargan ekan, yolg’onchi podsho׃

-Ishondingmi, nahotki men rost gapirsam, o’layotib ham seni aldab ketmoqchi edim, o’zimning belimdan bo’lgan o’g’limsan-ku, axir!,-debdi.

O’g’li qilichini qaytarib qiniga solgan ekan, podsho׃

-Ko’rdingmi yolg’onning kuchini, kerak bo’lsa, qilichni ham sindiradi!-deya jon beribdi.

Bu rivoyat. Balki rostdan ham Afg’onistonda shunday yolg’onchi shoh o’tgan bo’lishi mumkin. Chunki shohlar azaldan xalqni aldab kelganlar va bugun ham buning misolini ko’rib turibmiz. Uzoqda emas, o’zimizning O’zbekistonda. Mustaqillikdan keyin xalq tarixga, milliylikka o’ch edi. Tarixiy shaxslar nomini eshitganda, sovuqdan dildirab o’tirgan odam Quyosh chiqqanda sevinganidek, shod bo’lardi. Karimov bu tuyg’uni qo’lga olish uchun har yilni tarixiy shaxslar nomi bilan atadi.

Masalan, 1994 yil-Mirzo Ulug’bek yili, 1996 yil Amir Temur yili bo’lgani kabi. Endi muammolar ko’payib ketdi. Qolaversa, yillarni tarixiy shaxslar nomi bilan atashdan manfaat kelmayotganini ko’rib, boshqacha ish tutdi va yillarga o’ziga xos nom berish bilan odamlarni aldash boshlandi.

1997 yil-Inson manfaatlari yili. O’sha yili o’zbek xalqi juda katta manfaatlaridan ayrildi.

1998 yil-Oila yili. O’sha yili O’zbekiston buzilgan oilalar soni jihatidan MDHda birinchi o’ringa chiqdi.

1999 yil-Ayollar yili. Ayollar qon qaqshatildi.

2000 yil-Sog’lom avlod yili. Sog’lom avloddan nom-nishon qolmadi.

2001 yil-Onalar va bolalar yili. Onalar va bolalar mardikorga aylandilar.

2002 yil-Qariyalarni qadrlash yili. Qariyalar ham qatag’on qurboniga aylandilar.

2003 yil-Obod mahalla yili. Obod mahalla qolmadi. Mahallalar hukumatning“ko’z” va “qulog’i”ga aylantirildi.

2004 yil-Mehr-muruvvat yili. Mehr-muruvvat ko’rsatish afsona bo’ldi.

2005 yil-Sihat-salomatlik yili. Tibbiyot dargohlari poraxo’rlik maktabiga aylandi, “Pul bo’lsa, sihat-salomatlik bo’ladi” degan boshqaruvga o’tildi.

2006 yili-Homiylar va shifokorlaryili. Shohning oilasiga haq berish homiylikka aylandi.

Yaqin kunlarda 2007 yilga ham nom beriladi. Esingizdami, yuqorida sanalgan nomlanishlar e’lon qilinganda qancha odamlar ishonishgandi. Balki siz ham ishongan bo’lishingiz mumkin. Bu safar ham ishonganlar bo’ladi.

Mana shu haqda o’ylar ekanman, Karimov xalqni aldashda bu safar kallasiga kelganini emas, balki uzoq vaqt o’ylab yurganini amalga oshirib, o’ziga xos va o’ziga mos yo’l topgan, degan fikrda to’xtalaman. Agar sizda boshqa fikr bo’lsa, yillarning nomlanishiga qarab, shu yillarda shu sohalarda qilingan ishlarni bir sarhisob etib ko’ring-chi, yoqangizni ushlab qolmaysiz-mi!

31.OLTINXO’RLIK

Yana bir necha yilda O’zbekistonning oltin zapaslari tugaydi.(Xabarlar oqimidan).

Qadim o’tgan zamonda, Turonzamin tomonda bir Oltinbosgan ismli ajdarho o’tgan ekan. Oltinbosgan juda ham yuho ekan. U bir shaharga kelib, katta tepalikning ustiga o’tirib olibdi. O’sha erdan xalqqa vahshat socharmish. Uni haydaymiz deyishsa, hech ketmas emish. O’ldiramiz deyishsa, hech kimning kuchi etmas ekan. Uning og’zidan otilgan olov butun shaharni yondirib, kulga aylantiribdi. Shunda qo’shni shaharlarda ham vahima boshlanib, ular bu ajdarhoni yo’qotishga kirishibdilar. Uning bir boshini kesishsa, ikkinchi, uchinchisi o’sib chiqaramish. Har uzilgan boshdan esa, ajdarhochalar tug’ilarmish. Ular katta ajdarhoning atrofini qo’rg’on qilib o’rab, uni qo’riqlab o’tirashar va hech qanday kuch uni engolmas ekan. Shu zayl yillar ketidan yillar o’tib, bir kuni ajdarho o’z ajali bilan o’libdi. Shunda xalq ajdarhochalarni tor-mor qilibdi.

Keyin nima gap, nega ajdarho bu erni hech tark etmadi, deb tepalikning orqasiga o’tishsa, hamma yoq o’pirilgan emish. Buncha tuproq qayoqqa ketganiga hayron bo’lishibdi. O’sha joydan bir bo’lakcha oltin topishibdi. Shundan so’ng tushunishibdiki, bu tepalik ostida oltin koni bo’lgan va ajdarho ana shu oltinlarni topgan. O’lgan ajdarhoning qornini yorishsa, to’la oltin emish.

-U oltin eb, bo’kib o’lib qolgan ekan-da,-deb o’ylashibdi ba’zilar.

-Yo’q, u oltinxo’r bo’lgan, oltin tugagandan keyin o’lib qolgan,-dermish qolganlar.

Shu zayl uning nomi Oltinbosgan bo’lib qolibdi. Xalq shundan kelib chiqib, oltin bor joyda ilon bor, der ekan.

Ilk bor bu ertakani 1990 yillarning boshida Karimov Olmaliqqa borganda eslagandim. U oltin yombi(taxtachasimon quyilma)lar yoniga kelib, ko’zlari charaqlab ketgandi. U birdaniga yombilardan ikkitasini ikki qo’liga ko’tarmoqchi edi, bir zum egilib qoldi. Keyin׃

-Na buncha og’ir?,-dedi.

-Har biri 12 kilogramm dedi,-yonidagi odam.

Shundan keyin u yombilarni ikki qo’liga ko’tarib, sevinchini yashiraolmay suratga tushdi. Bu surat o’shanda hamma gazetlarda bosildi. Televizordan ham ko’rsatildi. Kimb ilsin-ki o’shandayoq Karimov o’zini bu oltinlarning sohibi deb e’lon qilgan va xalqqa qarab “Ko’rib qo’y, bu oltinlar meniki!” deyayotgan ekan.

Ammo shu narsa aniq edi-ki, Karimov o’shanda yombilarni ilk bor ko’rgandi. Tabiiyki, sovet davrida mana-man degan odam ham faqat oltinning tangasi-yu mayda-chuydasini ko’rgan. Quyma yombilarni esa, KGB ning maxsus bo’limi nazoratida Moskvaga jo’natishgan.

1990 yilda Shukrullo Mirsaidov hali bosh vazir ekanligida undan׃

-O’zbekistonda qancha oltin chiqadi?-deb so’ragandim.

-Buni hatto Islom akam ham bilmaydilar,-deb javob qilgandi u.

Demak, Karimov oltin yombilarni o’shanda kashf qildi. Kashf qildigina emas, ustiga yotib oldi.

Sovet davridagi ma’lumotlarni faqat Moskva bilgani aniq hol. O’zbekiston mustaqil bo’lgandan keyin ham oltin borasidagi ma’lumotlar sir saqlanmoqda. Karimovning o’zi bir nutqida yiliga 80 tonna oltin ishlab chiqaramiz desa, ikkinchi nutqida 70, uchinchisida 85 deb yuboradi. Ammo bu oltinlar qaerda va qayoqqa ketdi, buni so’raydigan odam yo’q.

Oltin zapaslari haqida esa kimdir O’zbekistonning ikki ming tonnalik oltin zapasi bordesa, boshqabirov 3,5 mingt onnalik deydi. Ammo shunisi aniq-qi, O’zbekistondan qazib olinadigan oltin jahondagi eng yuksak sifatli oltin hisoblanadi. Bu borada aniq ma’lumot bo’lmagani uchun turli manbalarga quloq tutiladi.

Yurtboshining o’ng qo’li, uning barcha kirdikorlarini bilgan Zelemxon Haydarovga yaqin manbalarga ko’ra, Karimov 1990 yillarning boshida xuddi Buxoro amiri yoki arab qirollari kabi Shvetsariya bankida 38 tonna, Frantsiyadagi bir bankda 10 tonna va Angliyadagi yana bir bankda 17 tonna oltinni o’z nomiga qo’ygan.

Faqat u Frantsiyaga borganda o’n tonna oltinni O’zbekistonga sarmoyadorlarni jalb etish va shunga kafolat sifatida keltirganiniaytgan edi.

E’lon qilinmagan boshqa ma’lumotlarga ko’ra, Karimov davrida 1,5 ming tonnadan ziyod oltin qazibo lingan. Karimov bu ishni shu qadar tezlashtirishni talab qilgan-ki, qazib olingan oltinning anchasi chiqindiga qo’shilib ketgan. AQShning Nyumont kompaniyasi ana shu chiqindidan dunyoning oltinini ajratib oldi. Buning ham asosiy qismi Karimovning hisobiga o’tib ketdi.

“Amerika ovozi”da ishlaganimda, bir kuni Janubiy va Markaziy Osiyo boshqarmasining kotibiyatida bir qiz paydo bo’ldi. U qisqa muddatga praktikaga kelgan ekan. Amerikada praktikaga keladigan talabalarga katta imkoniyatlar berishadi.

Xullas, ish soatlarim haqidagi tabelni olib tushsam, u qiz hisobchimizning o’rnida o’tirgan ekan. Yaxshi salomlashdi. Ammo ismimni aytishim bilan avzoyi buzilgandek bo’ldi. Shundan keyin meni ko’rsa, yuzini boshqa tomonga buradigan bo’ldi. Yosh qiz, ko’ngliga kelganini qiladi, deb indamay qo’ydim.

Bir kun boshlig’imiz haligi qiz bilan uning otasini boshlab keldi va uning otasi Nyumont kompaniyasining muhim odami ekanligi va O’zbekistonda ishlashini aytdi. Tabiiyki, u avval rahbariyat huzurida bo’lgan va ularning taklifi bilan bizning xonamizga ham majburan tashrif buyurgani bilinib turardi. U tumshug’ini osib oldi va savollarimizga yarim-yorti qilib javob berdi. U Karimovdan mamnun edi. Men unga׃

-Diktatorning avzoyi bugun yaxshi, ertaga buzuq, bir kun sizlarni ham yondirishi mumkin emasmi?-dedim.

-Siyosat boshqa, biznes boshqa, Karimov biznesni biladi,-dedi.

Men boshqa savol bermadim.

Mana bugunga kelib, o’sha biznesni biladigan odam bu shirkatga 40 million dollar jarima tortib o’tiribdi. Bu “eganini qornini teshib bo’lsa ham qaytarib olish” deyiladi…

O’zbekiston oltin konlarini ikkiga bo’lish mumkin. Biri aniqlangan konlar va ikkinchisi taxmin qilingan konlar. Aniqlangan konlardagi oltinlarni bugungi tezlikda qazib olinsa, 5-6 yilda bitishi aytilmoqda. Bu 15 yil davomida ezilgan o’zbek xalqi uchun juda uzoq, ammo oltinxo’r uchun juda qisqa muddat.

 

32.SO’KAG’ONLIK

O’zbekistonda barcha rahbarlardan tortib, muxolifat saflariga qadar so’kag’onlik kasali tarqalgan ekan. (O’zbek tilini o’rgangan amerikalikning aytgani).

SPID asrning vabosi, millionlarning kushandasi bo’lsa, so’kag’onlik O’zbekistonning vabosi, o’zbekning kushandasidir. Deyishingiz mumkin׃ so’kag’onlik o’zbekka beshikda tekkan, har bir oilada uning ildizi chuqur. Ha, shuning uchun bu illat tobutga qadar yashaydi.

Ilgari eng ko’p so’kinadigan va so’kishlarga beti qalin xalq ruslar deb o’ylardim. Chunki ular uncha-buncha gapni bemalol so’kish bilan ifodalay olardilar va uncha-buncha so’kishni bemalol hazm qilib ketaverardilar.

Keyin-keyin bilsam bizning xalq ruslarni yarim yo’lda qoldirib ketar ekan. “IAK” da Karimov xalqning onasini so’kkandagi voqealarni yozganman. Atrofidagi rahbarlarni so’kishini va oilasidagi so’kinishlarni esa, ”QUVG’IN”da bundan 12 yil oldin bitgan edim.

O’tgan yil Amerikaga kelgan bir mulozim men bilganlarimga qo’shimcha qildi:

-Mustaqillik bayrami kuni edi. Hamma kazo-kazolar to’plangan. O’zini Karimovga yaqin deb hisoblaganlar umr yo’ldoshlari va bolalarini ham olib kelishgan. Karimov birinchi qatorga kelib o’tirmoqchi edi, unga nimadir yoqmadi. U Mirziyoevga qaradi. Bu paytda Bosh vazir boshqa tomonga qarab turgan ekan. Yurtboshi uni shunaqa so’kdi-ki, hamma to’planganlar eshitdi. Men orqaroqda bo’lsam ham Karimovning baqirgani quloqlarimga kelib urildi, quloqlarim qizarib ketganini his qildim. Juda yomon so’kdi. Bunaqa so’kishni men hayotimda ilk bor eshitayotgan edim. Qarasam, Mirziyoev indamay bosh egib turibdi. Qolganlar ham boshlarini egishgan. Bir necha ayol qoyil qolgan kabi Karimovga mahliyo bo’lib qarab qolishgan. Shunda men atrofga razm soldim, faqat bitta ayol qizalog’ining qulog’ini bekitib olibdi. Urgani ur oshi, so’kkani so’k oshi degandek, qolganlar xuddi hind kinofilmini ko’rayotgandek diqqat bilan Karimovning so’kishlarini eshitishmoqda. Men odamlarda oriyat, hissiyot o’lganini o’sha kun idrok qildim. Bizning o’zligimizdan zarra ham qolmadi. Tahqir va haqoratga chiday olmagan xalq tahqir va haqoratning mahliyosiga aylandi…

Bu gaplarni aytgan odam yo’lini qilib hukumatdan ketishni izlayotgani va imkonini topishi bilan chetga chiqib ketishini aytgandi. Lekin yaqinda u hukumatda yana bir pog’ona tepaga ko’tarildi. Endi quloqlari har kuni qizarib turayotgan bo’lsa kerak!

Karimov Erkin Vohidovni onangni deb so’kkanda u “Meni so’kdi bir zot, men kechirdim, sen kechirgil” deya Xudoga murojaat qilib she’r yozgani haqida “IAK”da batfasil bitgandim. O’quvchilardan biri mulohazalarini yozar ekan, xuddi mana shu nuqtaga e’tiroz bildirgandi׃

“Bunday paytda Xudoga havola qilish kerak, Xudo o’zi jazosini beradi”.

Men unga oradan shuncha yillar o’tib ketdi, ammo jazodan darak yo’q, degan ma’noda javob qildim. Keyin u׃

“Ha, nima qipti, rahbar ham otadek gap, rahbar bo’lgandan keyin bir qo’li bilan silaydi, bir qo’li bilan uradi, bugun so’ksa, ertaga sevadi. Otam so’kdi, deb uning tilini kesmaysiz-ku! Xudoga soling, Xudo bu dunyoda bo’lmasa, u dunyoda jazo beradi”, deb javob qildi.

1990 yil. Oliy kengash sessiyasi tanaffusida Karimov vazirlar va viloyat rahbarlari bilan majlis o’tkazdi. O’shanda Xorazm viloyatining rahbari bir ayol edi. Uning oldida Karimov shunaqa yomon so’zlarni ishlata boshladi-ki, eshitib uyalib ketar edingiz. Men o’sha sessiyada kotibiyat raisi bo’lganim uchun tasodifan bunga guvoh bo’lib qolganman. Ko’zim o’sha ayolga tushdi. U hech narsaga parvo qilmay eshitib o’tiraverdi. Keyin uning o’zini so’kkanda ham chivin chaqqanchalik ham parvo qilmay boshini egib o’tiraverdi.

O’sha yili bir sessiyada Karimov Akademik Ahmadali Asqarovga qarab gapirar ekan, Toyiba To’laganova haqida shunaqa haqoratomuz so’zlar ishlatdiki, biror kishi miq etmadi. Faqat oldingisidan farqli ravishda bu voqeada Toyiba yig’lab, sessiyani tashlab chiqib ketdi.

1990 yillar boshida Turkiya prezidenti Turgut O’zal Toshkentga kelganda, ozarbayjon-arman urushi haqida savol tushdi. Karimov “bu urush Ozarbayjon rahbariyati orasidagi taxt talashuvi tufayli davom etayati” deya “Abulfayz Elchibeyni nazarda tutib, dumini tagini qisib o’tirsin”, degan edi.

Yuzlab, minglab ana shunday misollar keltirish mumkin. Karimov tag’in og’zini katta ochib, madaniyatli xalqmiz, deydi. Agar so’kinish yoki so’kishlarni eshitib jim o’tirish madaniyat bo’lsa, u holda dunyoda eng madaniyatli xalq biz bo’lamiz.

Mustaqillikdan oldin O’zbekistonda birorta rahbar qo’l ostidagilarni ochiqdan-ochiq so’ka olmagan. Mustaqillikdan keyin o’zimizga bek, o’zimizga xon bo’ldik va oilada, ko’chada ishlatiladigan so’kinishlar avval prezident devoniga, keyin, hukumat va Oliy majlis idoralari, undan vazirliklar hamda viloyat, tuman, mahalla idoralarining rasmiy so’zlashuv tiliga aylandi. Ilgari lug’atlarga kiritilmagan va jamoat joyida ishlatishga har qanday odam ham uyalgan so’zlar endi ommaviy kalimalarga aylandi.

Sovet davrida faqat mirshablar so’kinish so’zlarini ochiq ishlatganlari uchun ularning obro’yi oyoq uchida edi. Bugun endi mirshablar bu borada avliyo bo’lib qoldilar. Chunki hamma so’kinishlar ommaviylashdi. Hamma Karimovdan so’kinish tarbiyasini oldi. Hatto muxolifat ham. Ba’zilari Internetda so’kinishni xabarlar orasiga ham tashidilar. Shu bilib-bilmagan holda Karimovning sodiq vorisiga aylandilar. Xullas, 15 yilda so’kag’on va so’kish eshitadigan millatga aylanib qoldik.

Turkiyaga kelganimda madaniyat peshvolarining so’kinib gapirishlarini ko’rdim, filmlarda ham shu ahvol.

-Nega bunday?-deb so’rasam.

-G’arbga taqlid, Amerikaga taqlid,-deyishdi.

Lekin Amerikaga kelib so’kinishlar Turkiyadagidan yuz chandon ozligini ko’rdim. Biz yashaydigan shtatning senatori AQShda juda mashhur. Hozir saylov oldi kampaniyasida aravasi tortmay qoldi. Hammasi uning bir so’kish so’zini ishlatganiga bog’liq. Bir so’z bilan u odamlar nazdidan tushdi va Noyabr oyidagi saylovda qayta saylanishi savol ostida turibdi.

O’zbekistonda esa teskarisi. So’kinadigan rahbarni ota o’rniga qo’yishadi.

Karimovga qarshi kurashni qanday boshlashni bilmay turgan bo’lsangiz, eng oson, balki kimlar uchundir eng qiyin yo’li – so’kinmaslikdan, so’kinganlarni Karimovning yuqumli tarbiyasidan xalos etishdan boshlang.

33. “SUYAK” TASHLASH

Taniqli inson huquqlari himoyachisi Olmoniya siyosatiga norozilik sifatida bu mamlakatning O’zbekistonga kelgan hay’ati bilan uchrashishdan bosh tortdi. (Xabarlar oqimidan).

Karimovning chet elliklar haqida aytgan ajabtovur gaplari ko’p׃

“Bizga dumini ko’targanlar Rossiyaga dumini ko’targan bo’ladi”.

“Avval o’zingga boq, keyin do’mbira qoq!”

Bu gaplarni yaqinda eshitdingiz. Ammo 1990 yillarning boshida ham u xuddi mana shunday ajabtovur gaplarni ko’p aytar edi. Shulardan biri׃

“Hammasi “suyak” tishlayman, deb keladi, ammo katta “suyak” tashlamang”.

Bu gapni u qo’l ostidagi mulozimlariga aytgandi. Hukumatning majlisida, chet ellardan keladigan mehmonlar haqida gap borganda aytgandi.

U ana shu gapiga sodiq qoldigina emas, balki o’zi safarga borganda “suyak” olib borishni ham epladi.

Katta bir mamlakatdan bir mehmon kelmoqda. Uning savollariga javob topib qo’yish uchun muxolifatdan yoki inson huquqlari faollaridan birini qamoqdan chiqaradi. Ikki tomonlama suhbat demokratiyaga kelib taqalganda ana shu “suyak” bilan mehmonning og’ziga uradi. Mehmon ham mamnun, u ham.

Keyin Vashington kabi katta markazlarga borishidan oldin ham xuddi shunday ish tutadigan bo’ldi. BMT yoki Avropa anjumanlarida O’zbekistondagi masala kun tartibiga kelib qolganda ham shu usulni qo’lladi. Hamma yoqda nomi aylanib turgan bir kishini avf etib, shu bilan eshagini loydan o’tkazib, ishini bitirib qaytaverdi. Yillar o’tishi bilan buni ham ziyod deb bildi.

Endi keladigan mehmonlarga muxolifatdan ikki-uch kishi bilan uchrashishga izn berish bilan cheklandi.

Kimdir aytishi mumkin, uning nima ishi bor, mehmon istagan odami bilan uchrashadi, deb. Assalomu alaykum! Agar u istamasa, muxolifatning bobosi bo’lsangiz ham uyingizdan chiqa olmaysiz yoki chiqqan taqdirda ham o’g’irlab ketib, kechgacha sarson qilib, kechqurun uyingizga tashlab ketishadi.

Bunday hollarni 15 yillik tarixda million karra ko’rdik, eshitdik. U kelgan mehmonga ishonsa va mehmonning ko’nglida unga nisbatan qarshilik bo’lmaganini bilsa, uning muxolifat faollari bilan uchrashuvidan ko’z yumadi.

Ba’zan esa, “Bor uchrashaver, qo’lingdan nima ham kelardi”, qabilida ish tutadi. AQShdan borgan senator Makeyn va safdoshlariga xuddi ana shunday muomala qilgandi.

Esingizda bo’lsa, bundan 3-4 yil burun xorijiy radiolarning muxbirlari O’zbekistonda erkin qushlarga aylanishdi.

Radiolarga hatto o’rta to’lqindan joy berildi. Muxbirlar qamoqlarga kirib siyosiy mahbuslar bilan ham uchrashib, turkum eshittirishlar qildilar.

Siyosiy mahbuslar qiynoqlar, azoblar haqida ochiq, baralla gapirdilar. Qamoqda turib, qamoq rahbariyatining po’stagini qoqdilar. O’shanda men juda ajablangan edim.

Oradan yillar o’tib, Prezident devonida ishlagan bir tanishim Moskvaga borganda menga telefon qilib qoldi. Gap orasi o’sha turkum suhbatlar haqida so’radim. Uning javobi quyidagicha bo’lgandi:

-O’shanda Karimov Murod Muhammad Do’st va Xayriddin Sultonovlarni chaqirib, mahbuslarni birorta radioga chiqarlaring, istagan gapini aytaversin, keyin matnini tarjima qilib, olib kellaring, degan ekan. Tarjima qilganlar ba’zi joylarini o’girishga qo’rqib qolishgandi, hatto. Ammo ipidan-ignasiga qadar tarjima qil, deyishgani uchun qo’llari qaltirab, o’girib berishgandi. Keyin bilsam, Karimov bu matnlarni G’arbga olib ketgan. U erda “g’ing” degan odamga, sizlar o’zbek tilini bilmaysizlar, mana mahbuslar bizda qanchalik erkin, deb haligi matnlar va kassetalarni hadya qilgan ekan.

Darhaqiqat, BMTda qiynoqlar masalasi muhokamasida ham shu kassetalar ish bergandi. Inson huquqlari markazining direktori Akmal Saidov bu suhbatlarni tarqatib, bizda muammolar bor, sovet davridan me’ros, shuning uchun odamlarni tarbiyalashimiz kerak, bunda mahbuslarning tanqidlari bizga oltin kabi ish bermoqda, degan edi.

-Nahotki xorijiy radiolar shunday o’yinga rozi bo’lgan?-deb so’radim tanishimdan.

-Ular o’yin haqida, Karimov kimlargadir “suyak” tashlash niyatida bo’lgani borasida bilmaganlar ham. Jurnalistga nima kerak? Dolzarb mavzu. Ular qamoqlarga borishga izn berilganidan xursand bo’lishgan va vazifalarini bajarishgan. Axir Mamadali Mahmudov, Zayniddin Asqarov, Muhammad Bekjon kabi siyosiy mahbuslardan qamoqxonaga borib, intervyu olishga har qanday jurnalist rozi bo’ladi-da. Bu unga shuhrat keltiradi…

Ma’lumki, Olmoniya umum siyosatda AQShga raqib bo’lgan davlatlar sirasiga kiradi. Garchi yuzada bilinmasada, zimdan buni hamma biladi. Jumladan, Karimov ham.

Qolaversa, Andijon voqealaridan keyin Avropa Ittifoqining viza bermaslik qarori bo’lishiga, demokratik dunyo oyoqqa qalqqaniga qaramay Olmoniya qonli voqealarning kaltakboshisi Zokir Almatovga eshiklarini ochgandi.

Keyin uni imi-jimida yana Toshkentga kuzatib qo’ydi.

Shunday ekan, bu o’lkadan keladigan odamlarning Karimovga tahlikasi yo’q. Kerak bo’lsa, hamma narsani ko’rsatadi ham.

Shunday paytda o’zbekning bir muxolifatchisi chiqib, “Men sizning siyosatingizga qarshi isyon qilaman va siz bilan ucharshishni rad etaman” deyishi bu momoqaldiroq gulduragi kabi ko’plarning diliga larza soldi, lekin Olmoniyaga burga chaqqanchalik ham ta’sir qilmadi. Chunki Olmoniyaga inson huquqlari, adolat emas, o’z maqsadini yashirish uchun “suyak” kerak.

Faqat Olmoniyagami?

34. O’TMISHNI TITKILAMASLIK

Tarixini bilmagan millat, kelajagini ko’ra olmaydi.(Hikmat).

1990 yilda Oshkoralik qo’mitasida imtiyozlar masalasini muhokama qildik va imtiyozlarni bekor etish hamda tarixni qayta yozish haqidagi masalani sessiyaga olib chiqishni qarorga bog’ladik. Turli bahonalar bilan o’sha kungi majlisda qatnashmagan raisimiz Erkin Vohidov ertasiga׃

-Juda yaxshi taklif,-deb aytdi va borib, Karimov bilan maslahatlashibdi. Keyin kelib׃

-Taklifingiz oqsoqolga yoqdi, sizni kutmoqdalar,-dedi.

-Taklif meniki edi, ammo uni qo’mita a’zolari qo’lladilar va endi qo’mitaning taklifiga aylandi,-dedim Erkin akaning borib, Karimov bilan gaplashganidan norozi bo’lib.

-Men o’zim borganim yo’q, chaqirdilar, taklif sizdan chiqqanini ham oqsoqoldan eshitdim,-dedi Erkin aka.

Borsam, Karimov׃

-Imtiyozlar deganda nimani nazarda tutayapsiz?,-dedi.

-Sovet davrida mulozimlarga berilgan barcha imtiyozlar, jumladan, qahramonlik unvonlaridan tortib, barcha ordenlar hamda adib va yozuvchilarga berilgan hamma unvonlar…Chunki har qanday orden, medal va unvon ortida imtiyoz bor. Moskvada va Boltiq bo’yi jumhuriyatlarida ham ana shunday imtiyozlardan voz kechilmoqda. Chunki bu imtiyozlar kommunistik partiyagagina xizmat qilganlarga berilgan, xalqqa xizmat qilganlarga emas,-dedim.

Mana shu gap Karimovga yoqmadi. Chunki yuzida va gapirish ohangida o’zgarish yuz berdi, lekin baribir o’zini tutib gapirdi׃

-Partiya kimdan iborat edi? Xalqdan. Partiyaga xizmat qilish, bu xalqqa xizmat qilishdir. Imtiyozlar esa o’z-o’zidan yo’qoladi. Orden-medallarning nomini almashtiramiz. Shu bilan ularga bog’liq imtiyozlar ham yo’q bo’lib ketadi. Bu ishni asta-sekinlik bilan amalga oshirishni o’zimga qo’yib beringlar. Lekin tarixni qayta yozish degan gapga qo’shilmayman. O’tmishni titkilamaslik kerak, oldinga qarab ketaverish kerak. O’tmishda xatolar bo’lsa, qolib ketaveradi. Orqaga qarashdan, xato qidirishdan foyda yo’q!

Gapning ochig’i menga “o’tmishni titkilamaslik” iborasi qattiq botdi. O’tmishga to’g’ri baho bermasdan, oldinga ketish mumkin emas. Xatolarni tahlil etmasdan, xato qilmaslik yo’lini topish mushkul.

Mana shu fikrlar tinchlik bermagani uchun Leninning odamlarni qirib yuborish haqidagi sirli buyruqlari, amirlik va xonliklar davridagi ayanchli ahvolimiz, sovet davridagi vaziyat haqida bir nechta maqolalar yozdim. Lekin bu maqolalar gazetalar bilan birga sarg’ayib ketdi…

Sessiyada Karimovni prezidentlikka saylash chog’ida farg’onalik deputat Inomjon Tursunov bir dasta qog’ozni ko’tarib, o’rtaga chiqdi va Karimov Qashqadaryoda kommunistik partiyaning birinchi kotibi bo’lganda qo’shib yozishlar avj olgani, ammo negadir unga chora ko’rishmagani haqida gapira boshladi.

Sessiyaga raislik qiluvchi Mirzaolim Ibrohimov׃

-Uka, o’tmishni titkilamang, bugundan gapiring,-dedi.

Zalda o’tirgan hukumat odamlari ham bu iborani takrorlay boshladilar. Menga yaqin o’tirganlardan biri׃

-Titkilash tovuqning ishi,-dedida “xi-xi”lab kuldi.

Shu bilan Karimovning qilmishi titkilanmay qoldi. Bu esa, O’zbekistonga, o’zbek xalqiga qanchalik qimmatga tushganini ko’rib turibmiz…

Surxondaryo viloyatining 348-Qumqo’rg’on saylov okrugudan saylangan xalq depuati Aliv 1991 yil, 7-sessiyada׃

-Shu yilning 18-21 Avgust kunlari mamlakatda davlat to’ntarishi bo’ldi. Shu masala bo’yicha ham O’zbekistonning adresiga juda ko’p toshlar otildi. Men bu borada boshqa jumhuriyatlarda bo’lgani kabi bizda ham deputatlar buni muhokama qilib, o’z fikrlarini bildirishlarini iltimos qilardim. Chunki men o’zim “Axborot”da ko’rdim, mana shu erda o’tirgan katta mansabli deputatlar Yanaevning O’zbekiston va Qozog’istonda tartib bor, degan gaplarini “Mana, bu Yanaev tomonidan bizga berilgan katta baho” dedilar va bu gaplari mening qulog’imdan ketgani yo’q. Adashgan bo’lsam kechirim so’rayman, lekin shu masala bo’yicha fikrlaringizni bildirishlaringizni so’rayman,-dedi.

O’shanda Karimovning davlat to’ntaruvchilari bilan hamkorligi-jinoyati masalasi Moskvada kun tartibida edi. Karimov javobgarlikka tortilishi uchun bir qadam qolgandi.

-GKChP avgustda bo’lgan bo’lsa, oradan qariyb uch oy vaqt o’tdi, bu orada biz mustaqil bo’ldik, bu odamlarga nima bo’lgan o’zi, nega o’tmishni titkilaydilar?,-degan edi yozuvchi Primqul Qodirov o’shanda surxondaryolik deputatga javoban.

1990 yillarning boshida ba’zi yosh yozuvchilar G’afur G’ulom, Hamid Olimjon va boshqalar haqida haqiqatni aytaylik, Hamid G’ulom, Ramz Bobojon, Mirmuhsin kabilar ham o’lib ketmasdan ularning kimliklarini yuzaga chiqaraylik deyishganda׃

-O’tmishni titkilamang,-degan javob olishgandi…

Inqirozga uchragan o’zbek muxolifati tarixini tahlil etaylik, xatolarimizni ko’rib chiqib, shundan xulosa qilaylik degan fikrlarga qo’shildim. Chunki butun tariximiz yolg’onlarga to’lib ketgani uchun muxolifat tarixini ham bir-ikki odam yolg’onga aylantirmoqda edi. Shuning uchun muxolifat faoliyatida qatnashganlarning yozganlarini to’play boshladim. Hamma o’z bilganini aytsa va yozsa, uni tahlil qilgan tarixchilar haqiqatni topib oladilar. Qolaversa, o’zimiz ham bularni muhokama qilib, xatolardan saboq olishimiz mumkin. Ammo har tomondan sadolar kela boshladi׃

-O’tmishni titkilamaylik!

Ko’rayapsizmi, 70 yil oldingi gap haqida gapirilsa ham, 7 yil oldingisi haqida aytilsa ham, 7 kun oldingi xatolar tilga olinsa ham ayni ibora ishlatilmoqda.

Demak, Karimov o’tqazgan daraxt mevasini beribdi. Chunki o’tmishini titkilamagan millat o’zining kimligini bilmaydi. Ko’zi ko’r bo’lib qoladi. Bu esa manqurtlik demakdir.

“O’tmishni titkilamang!”

Bu gapni aytib kelayotganlarga nima deyish mumkin׃ modomiki, manqurtlikni ixtiyor etayotgan bo’lsangiz, demokratiya, nima ham deymiz, o’tmishdan qo’lingizni yuvib, qo’ltig’ingizga uring va oldinga qarang, qop-qorong’u kelajakni ko’rasiz!

35.MIRSHABLASHTIRISH

O’tgan 15 yilda O’zbekiston politsiya davlatiga aylanibdi.( Toshkentdan 1990 yilda chiqib ketib, 2006 yilda borgan amerikalik o’zbekning gapi).

Sovet davrida qozoqlar ustidan kulib to’qilgan latifalardan biri shunday edi׃

O’zbek qozoqdan so’radi׃

-O’g’ling ham ulg’ayib qolgandir, nima ish qilayati?

-Ulim ukemet!-dedi qozoq.

Qozoq do’stining o’g’li hukumatda ishlashini eshitib, O’zbek havas qilib o’tirgandi, o’g’ilning o’zi kirib keldi, mirshab kiyimida…

Bugun bu latifa kulgili emas. Ammo sovet davrida mirshabga eng past darajali odam deb qaralgani uchun qozoqning saviyasi shu yo’l bilan kulgi qilingan.

Amirlik va xonliklar davrida tungi shahar soqchisi va uning boshlig’ini “mirshab” deyishgan. Sho’rolar davrida militsionerni “mirshab” ham deyishgan. Ma’lumki,“mir” kalimasi arabchadan olingan “amir” so’zining qisqartmasidir, “shab” esa, kelib chiqishi forscha bo’lib, “tun”, “qorong’ulik”, “zulmat” degani. Ana shu ikki so’zdan yasalgan “mirshab” so’zi “zulmat amiri” ma’nosini beradi. Mustaqillikdan keyingina bu kalima haqiqiy ma’nosini topdi…

O’zbekiston mustaqil bo’lgan kunlarda Karimov “ukemet”ning maoshini oshirish va IIV shtatlarini kengaytirish bo’yicha qaror loyihasini sessiya kun tartibiga kiritdi. Demokrat deputatlar qarshi bo’ldik. Boshqalar ham fikrimizni qo’llashdi va sessiyada bunga yo’l qo’ymaslik uchun tayyor bo’lib keldik.

Sessiya boshlanishidan oldin deputatlar orasida shivir-shivir gap boshlandi. Do’rmondagi uyidan kelayotganda, Karimovga suiqasd bo’libdi. U bir amallab omon qolibdi. U shuning uchun mirshablarning maoshini oshirish va IIV shtatini kengaytirmoqchi bo’lsa, bir nechta deputat qarshilik qilayotgan ekan. Karimov suiqasdning ip uchi shularda bo’lsa kerak, degan taxminda…

O’zbek deputatlarining ahvolini tasavvur qilgan bo’lsangiz kerak. Buning ustiga׃

-Bunaqa xayrli ishni muhokama qilib o’tirmasak ham bo’ladi. Qarshilar yo’q, qabul qilindi,-dedi qaror loyihasini teskari o’girib, bir tomonga qo’ygan Oliy kengash raisi Mirzaolim Ibrohimov. Zaldan bo’lgan bir ikki ovozga esa e’tibor ham bermadi…

Bugunga kelib, mirshablarning soni, qancha maosh olishini hech kim bilmaydi. Bu davlat siri. Faqat nafaqaga chiqqan mirshab oddiy odamdan besh marta ko’p pul olishi haqida gap-so’zlar bor, xolos.

Birgina forma kiyib yurgan militsiya xodimlarini mirshab deb o’ylayotgan bo’lsangiz, xato qilasiz. Yurtboshining sovetchasiga aytganda huquq-tartibot va karimovchasiga aytganda mirshablar bo’yicha maslahatchisi bor. Aslida bu maslahatchi hech qanday qonuniy maqomga ega emas. Lekin uzoq yillar bu vazifada Temur Alimov bo’lganini eslashning o’zi ko’p narsani anglatadi. Karimov butun mirshablar armiyasini-ishga yaroqli aholining uchdan bir qismini ana shu maslahatchining nazoratiga berdi. Bu degani o’zining qo’l ostiga oldi. Albatta bu qadamba-qadam qilindi.

1990 yilda IIVni tarqatib yuborish va viloyat, tuman kengashlariga berish haqida takliflar bor edi. Bu takliflar o’rtaga chiqa boshlasa, qaerdadir qon to’kilar va hamma bu borada gap ochishdan qo’rqib qolardi.

1991 yilda KGBni Oliy kengashga bo’ysundirish haqida takliflar bo’ldi, ammo Karimov Konstitutsiyaga xilof farmon bilan bu idorani o’ziga bo’ysundirdi. Bu haqda o’shanda 7-sessiyada deputat Shuhrat Nusratov shunday degan edi׃

-O’zbekiston prezidentining 1991 yil 26 Sentyabrda O’zbekiston Xavfsizlik xizmati tashkilotini qayta tuzish borasidagi Farmonining bu tashkilotni Oliy kengashni chetlab o’tib, to’ppa-to’g’ri prezidentga bo’ysundirish borasidagi qismini bekor qilish.

Umuman bu farmonni xalqqa qarshi, konstitutsiyaga qarshi, demokratiyaga qarshi bo’lgani va diktatorona bo’lgani uchun bekor qilish.

Shu farmonning 2-moddasini o’qib bermoqchiman. Milliy Xavfsizlik xizmati to’pa-to’gri prezidentga bo’ysundirilsin, deyiladi bu moddada va bunday hol biror demokratik davlatda yuz bermaydi. Hatto biror totalitar davlatda ham bunchalikka borilmaydi. Mamlakatning razvedka, kontrrazvedka boshqarmalari barcha texnik asoslari va barcha eski ishlari bilan birga Oliy Kengash nazoratidan chiqarilib, bir kishining qo’liga berilmoqda. Bu tasavvur qilish va bunga yo’l qo’yish mumkin bo’lmagan narsa. Yoki bizni 30-40 yillar kutmoqdami? Oqibatlarni taxmin qilish mumkin emas. Ayniqsa, bizning prezidentning quyushqonga ham sig’maydigan xarakteri bilan…

Lekin 7-sessiya nima bilan tugagani haqida “IAK”dan bilasiz.

Yaqinda bir huquq himoyachisi  bilan shu haqda mulohaza qildik. U׃

-MXXning viloyat boshqarmasida ilgarigi boshliq bo’lgan Aleksandr Marozov bilan o’tgan yili jizzaxlik huquq himoyachilari talabi bilan uchrashuv bo’lgan edi. O’shanda men undan “Jizzaxda qancha IIB xodimlari va qancha MXX xodimlari bor?” deb so’raganimda quyidagi raqamlarni aytdi. Jizzax viloyatida 2994 ta mirshab va 67 ta MXX xodimi ishlarmish. Menimcha bundan ko’p. 2002 yildagi ma’lumotga qaraganda birgina Toshkent shahrida 50 ming mirshab bor edi,-dedi.

Ana endi men sizga xalqni emas, Karimovni, ya’ni bosh qonunbuzarni xalqdan, adolat jazosidan qo’riqlaydigan mirshablar armiyasining nomlarini sanayman va siz bu sohalarda qancha odam “tariq terishini” taxmin qiling׃

-general Ruslan Mirzaevning mudofaachilari;

-general Bahodir Matlyubov rahbarligidagi IIV;

-general Rustam Inoyatov boshliq bo’lgan MXX;

-general Rashid Qodirovning prokurorlari;

-general Vladimir Norov vazir bo’lgan TIV zobitlari, general elchilar va hokazolari bilan;

-general Bo’ritosh Mustafoev rahnamoligidagi Adliya azamatlari;

-general Elyor G’aniev yo’lboshchiligidagi Tashqi aloqalar maXfiyachilari;

-general Qobil Berdiev qo’l ostidagi Favqulodda holatlar vazirligi;

-general Sodirxon Nosirovning bojxonachilari;

-general Botir Parpievning soliqchilari;

-general Tohir Mullajonov boshliq bo’lgan akademiya kursantlari;

Bunga qo’shimcha qiling׃

-sudlar;

-xalq bilmaydigan va xalqni kuzatadigan 7-boshqarma;

-Prezident gvardiyasi;

-temir yo’l zobitlari;

-havo yo’llari zobitlari;

-iqtisodiy razvedka;

-mahalla posbonlari;

-diniy jamoalarda ishlaydigan “pogon”lilar;

-muxolifat orasidagi ayg’oqchilar;

-janjal chiqarib turadigan va o’zgacha fikrlovchilarning yoqasini yirtadigan ayollar bataloni;

-xabar tashiydigan fohishalar;

-tintuv paytida, sudlar va tergovlarda qo’llaniladigan yashirin xizmatchilar;

-yuqoridagi sohalardan saralab tumanlarga tayinlangan zobit-hokimlar…

Eh-hee! Hali bitgan emas. Albatta, bularning orasida Karimovning kirdikorlaridan norozi bo’lganlar ham bor. Dardlari ichida. “G’ing” deb ko’rsinlar-chi? Kunlarini ko’radilar!

Xullas, O’zbekistonni to’la mirshablashtirish hali davom etmoqda. So’nggi ma’lumot׃

2006 yilning 13 Oktyabrida Andijon viloyatining hokimi Saydullo Begalievni vazifasidan ozod etgan general Islom Karimov uning o’rniga shu paytgacha Namangan viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i lavozimida ishlab kelayotgan general Ahmad Usmonovni tayinlandi.

Shulardan kelib chiqib, hech tab tortmay, O’zbekistonning nomini Mirshabiston deb ham atash mumkin. Faqat Karimovning shu haqdagi farmoni bo’lsa, bas!

36. MAHALLIYLASHTIRISH

O’zbekistonda prezident biror muammo uchun mas’ul emas!(Yozilmagan qonun).

Aslida Islom Karimovning faoliyatiga hech kim Islom Karimovning o’zichalik mukammal baho bergan emas.

15 yil davomida u 76 marta viloyat kengashlarida kengaytirilgan nutq irod qildi. Bu nutqlarning bir satrini ham uning o’zi yozmagan bo’lsada, u o’qib bergani, qo’shimchalar qilib gapirgani uning o’z aybini o’zi ochganini ko’rsatadi.

Tabiiyki, bu nutqlar tayyorlanishidan oldin o’nlab kazo-kazolar viloyatga borib, hamma yoqni “ilma-teshik” qilib, kamchiliklarni topib qaytadilar.

Shuning uchun ham har bir nutqda viloyatning barcha jabhalaridagi o’pirilishlar ochiq aytiladi va ishdan olinadigan hokimning bo’yniga ilinadi.

Karimov 15 yilda viloyat rahbarlarini ishdan olgandagi nutqlarini ko’rsatib, ”Mana sizga oshkoralik!” deb maqtansa bo’ladi.

Zotan uning viloyat kengashlarida qilgan nutqlarini bitta kitobga to’plasangiz, O’zbekistonning dahshatli manzarasini ko’rasiz.

Yana bir bor ta’kidlamoqchiman, buni “Karimovning ashaddiy tanqidchisi” deb dakki eshitadigan men emas, balki Karimovning o’zi chizib bergan.

U hatto ba’zi viloyat kengashlarida siyosiy masalalarni ham tahlil qilib, bu boradagi vaziyat naqadar ayanchli ekanini ko’rsatib bergan.

Masalan, uning Surxondaryo viloyat kengashida so’zlanib, ikki yil og’izdan tushmagan nutqi yodingizdadur. O’shanda Karimov korruptsiya masalasi bilan birga demokratik islohotlar borasida ham viloyatda hech ish qilinmagani, so’z erkinligi bo’g’ilgani, inson huquqlari toptalganini juda chiroyli qilib aytgandi.

1990 yillarning boshida u Qashqadaryo viloyat kengashining yig’ilishida aholidan tushayotgan shikoyatlar haqida gapirib׃

-Birorta rahbar shikoyatdan qo’rqmasin. Shikoyatni ig’vogarlar yozadi. Endi Kremlga yozish payti o’tib ketdi. Biz mustaqilmiz, endi yozadigan bo’lsa, mana menga boradi. Men esa, mummolarni markazlashtirmayman. Muammo umumlashib markazlashdimi, u hal bo’lmay qoladi. Muammoni umumlashtirish, markazlashtirish emas, muammoni mahalliylashtirish kerak va joyida hal etish lozim. Shuning uchun menga boradigan shikoyatlar o’zingizga qaytib keladi,-degandi.

Shundan beri u kamchiliklarni to’la mahalliylashtirishga o’tdi.

Esingizda׃

-Bizda muammolarni ko’tarib chiqadigan jasoratli jurnalistlar yo’q,-degandi Karimov.

Bu nima degani? Bu muammoni jurnalistlarning gardaniga tashlab, mahalliylashtirish degani.

Esingizda׃

-Xalq dardini aytadigan deputatlar bormi o’zi? Chiqsin bu erga, xalq uni nega saylagan, nega gapirmaydi?,-degan edi bir kuni sessiyada u.

Shundan keyin hamma joyda deputatlarni ayblash boshlanib ketgan va hatto xorijiy radiolarda ham “Deputatlar nega jim?” degan mavzu olti oy chaynalgan edi.

-Har qanday jamiyatda muxolifat bo’lishi kerak. Qani yoshlar orasida bizning siyosatimizni konstruktiv tanqid qiladigan mardlar bormi? Chiqsin maydonga!-degandi bir kun.

Shundan keyin muxolifat mavzusi muhokaa qilinib, hatto bir haftada “Fidokorlar” degan partiya ham tuzib yuborilgandi.

Agar o’tgan 15 yilga yaxshilab razm solsangiz, Karimov hamma sohada muammolarni ana shunday mahalliylashtirishga uringani va bunga erishganini ko’rasiz.

Samarqandda viloyat hokimi Alisher Mardievni ishdan olishda qarindosh urug’chilik, poraxo’rlik, o’zbek-tojik munosabatlari, huquq-tartibot sohalaridagi adolatsizliklar ochiq aytilgan bo’lsa, Toshkent viloyat hokimi Kozim To’laganovni ishdan olishda qishloq xo’jaligi oqsayotgani, sanoatdagi parokandalik, kadrlarni tanlashdagi xatolar sanalgandi.

Uzoqqa bormaylik, mana yaqinda bo’lib o’tgan Andijon va Farg’ona voloyat kengashlarining sessiyalaridagi nutqlarni o’qib ko’ring. O’zbekistondagi ayanchli vaziyatning suvratini ko’rasiz.

O’zbekiston osmondagi o’lka emas, O’zbekiston viloyatlarning yig’indisi. Viloyatlardagi dardlar to’planib, O’zbekistonning umum dardini tashkil qiladi.

Karimov viloyatlardagi mummolarni gapirib kelmoqdami, demak 15 yildan beri u o’z aybini ochiq aytmoqda. Ammo jazoni boshqalar tortmoqda.

Kadr tanlashda bir marta adashsin, ikki marta adashsin, axir bir umr adashadimi?

O’zbekistonni Karimov tanlagan kadrlar botqoqqa aylantirgan bo’lsa, buning uchun Karimovning o’zi ham javob berishi kerak emasmi?

U muammolarni mahalliylashtirgani bilan hokimlarni tanlash va tayinlashni markazlashtirdi. 15 yil davomida har bir viloyatga kamida to’rttadan hokim tayinladi va ularni tayinlashda rosa maqtagan bo’lsa, ishdan olishda hamma aybni ularga to’nkadi. Barcha viloyatlarda ayni shu hol kuzatildi.

“Agar hamma kamchiliklar uchun hokimlar, vazirlar aybdor bo’lishsa, Karimov-chi?”, degan savol o’z-o’zidan tug’iladi, yoki u musicha-i begunohmi?!

Yo’q, aslida hamma ayb uning o’zida. Karimov ishdan olgan viloyat hokimlaridan biri bilan gaplashgandim. U:

-O’zingiz bilasiz, hatto bitta xo’jalikka o’zimiz mustaqil ravishda rahbar tayinlay olmaymiz. Tuman hokimlaridan tortib, korxona rahbarlariga qadar hammasini Karimovning o’zi, uning idorasi tayinlaydi. Biz oradagi ijrochi. Bir kuni bitta universitetning rektori pora istayotganini aytib, mirshablar shu haqda amaliyot o’tkazishni so’rashdi. Men rozi bo’ldim. Rektorni ish xonasida pora bilan ushlashdi. Yarim soat ham o’tmay Karimovning o’zi telefon qilib, na onam, na otam qolmay haqorat qilib, “Nega hamma yoqqa burningni tiqasan?” deb koyidi. Men ishdan ketdim, lekin rektor qoldi. Keyin uni katta ishga ko’tarishdi. Ammo ko’pga chidamadi…

Bedanani ushlab, bo’ynidan bo’g’ib olib, keyin dumini burab, undan “pitpildiq” deb sayrashni kutgandek gap bu.

Hokimlarning hammasi bedananing ahvolida. Bedanavoz ularni bo’ynidan bo’g’ib olgan. Oxirida yana “Bu sayrashni bilmaydi”, deb kallasini uzib, kabob qiladi…

Bundan bir necha kun oldin O’zbekiston Adliya vazirining birinchi o’rinbosari Ixtiyor Abdullaev BMT Bosh assambleyasining uchinchi qo’mitasi Toshkentda o’tkazgan uchrashuvda O’zbekiston hukumati inson huquqlarini himoya qilishda BMT tashkilotlari bilan hamkorlik qilishga tayyor ekanini aytdi.

Agar Karimov rostdan ham G’arb bilan “raqs”ga tushgisi kelib qolsa, Adliya vazirini ishdan oladi-da׃

-Chet el tashkilotlarini yopib tashlab, inson huquqlari bilan shug’ullanishni oqsatib qo’ygan odam mana shu bo’ladi. U o’z harakatlari bilan nafaqat inson huquqlariga zarba urdi, balki mamlakatga investitsiya kelishini to’xtatdi ham. U xalqning dushmani. Millionlab odamlarning rizqiga chang solgan shu badbaxt bo’ladi,-deyishiga hech shubha yo’q.

Kimdir kulib qo’yadi. Kimdir ishonadi. Vazirning o’zi esa boshini egib turadi. Chunki shunga o’xshagan tanqidni Bosh prokuror bo’lgan davrda ham, Markaziy Saylov komissiyasida ishlaganida ham eshitgan.

Darvoqe, Karimovni bedanachiga o’xshatgan, o’zi muammolarni mahalliylashtirish siyosatining ijrochisi bo’lgan sobiq hokim ham bugun katta bir idoraning boshlig’i. Ha, u o’zini bedanaga o’xshatgandi.

Sovet davrida “Bedana va badanaboz” degan bir latifanamo hikoya bo’lardi.

Bedanavoz bedanasini siypalab o’tirganda bolasi kirib keladi.

-Nima qilib yuribsan. Bor darsingni qil!-deydi Bedanaboz.

-Tushunmayapman, kitobim yo’q, darslarimga yordam bering,-deydi bolasi yalinib.

-Axmoq, sen tushunmasang men tushunaman-mi, “Kitobim yo’q”, deb buncha mana bu bedanaga o’xshab sayraysan, senga “Pulim yo’q” deb yuz marta aytganman, buning ustiga menda bo’sh vaqt nima qilsin, bir onangga ayt, yordam bersin!-deya o’shqiradi otasi.

Bola onasining oldiga boradi. Kir yuvib o’tirgan onasi:

-Bolam, hali non yopishim, keyin sigirlarni sog’ishim, xo’ragini berishim, undan keyin sizlarga ovqat qilishim kerak. Qo’lim bo’shasa, yordam qilaman, lekin oldingi kabi savollaringni tushunmayman-da!-deb zorlanadi.

Ertasiga bola “ikki” olib qaytadi. Bedanabozning jahli chiqadi:

-Sen odam bo’lmaysan! Kallavaram! O’ldiraman seni! Kallangni uzaman! Bedanaga o’xshab sayramasdan, kitob o’qisang o’lasanmi? He padaringga la’nat!

Buni eshitib o’tirgan onasi o’zi-o’ziga pichirlaydi:

-“Padaringga la’nat” deguncha, “Bedanabozga la’nat!” desang-chi, er yutgur!..

Ammo farqi nima?!

Xuddi ana shu latifada bo’lgani kabi bugun O’zbekistonda PADAR ham, BEDANABOZ ham bir kishi!

37. DINIY CHALASAVOD QILISH

O’zbekistonda diniy erkinlik yo’q. (AQSh Davlat departamentining diniy erkinliklar bo’yicha yillik (2006) hisobotidan).

Bugun O’zbekistonda diniy ekstremizm tahlikasi bormi? –BOR!

Diniy erkinlik esa, yo’q.

Islom Karimov O’zbekiston rahbari bo’lguniga qadar O’zbekistonda diniy ekstremizm tahlikasi bormidi?- YO’Q!

Ammo diniy erkinlik bor edi.

Bugun ba’zilar 1980 yillar o’rtasida O’zbekiston Kompartiyasi Markaziy komitetida ideologiya masalalari bo’yicha kotib bo’lgan Ra’no Abdullaevani qahramon deb yozmoqdalar. Uning o’zi ham o’zini Islom dini tarafida turgan qahramon ayol qilib ko’rsatmoqda. Jumladan, 2006 yil Mart oyida “Ozodlik” radiosida ana shu haqda gapirganini o’zim eshitgan va yoqamni ushlab qolgandim.

Chunki uning davrida kommunistlar va hukumatda ishlaganlar ota-onalarining o’lim marosimida to’n, do’ppi kiyib, bellariga belbog’ bog’laganlari uchun partiyadan quvilib, ishdan olinib, hatto qamalganlarining guvohi bo’lganman.

Buni bizning yoshimizdagilar juda yaxshi bilishadi va o’sha davrda qabristonlarda Qur’on tilovati o’rniga kommunistik nutqlar irod qilishni talab etishganini ham ko’pchilik yaxshi eslaydi. Sovet davridagi eng qaqshatqich yillardagidan ham yomon bo’lgan ishning boshida bevosita Ra’no Abdullaeva turgani ko’pchilikka ma’lum.

U uchta-to’rtta erkakning kuchini o’zida mujassam etgan bir ayol edi. Hamma undan qo’rqardi. U Samarqandga kelganda men jurnalist sifatida uni ko’p kuzatganman. Qishloq xo’jalik institutida bir talaba qizni “Nega ishton kiyding, madaniyatsiz?” deb koyiganini, Samarqand tuman rahbarlari (Mo’min Sherqulov va boshqalar)ni bir diniy majmua qurilishiga g’isht olishga ruxsat etishgani bois partiyadan o’chirib, ishdan haydatganini bevosita bilaman. Lekin gap bunda emas.

Gap shundaki, ana shu ayol ketgandan keyin O’zbekistonning ko’ksiga shamol tegib, diniy erkinliklar yo’li ochilgandi.

Istagan odam istagan machitiga boradigan, xohlagan mahalla xohlagan erida ibodatgoh quradigan, diniy mavzularda istalgani qadar bahs yuritiladigan, kitoblar chop etiladigan bir zamon bo’lgandi.

1990 yillarning boshiga kelib, musulmon jamoalarning rahnamolari millat vakili etib saylangan, radio va televidenieda erkin diniy minbarlar tashkil qilingan, hatto ba’zilar Islom uyg’onish partiyasini tuzib, saylovlarda qatnashish istagini ham ko’rsatishgandi.

Esimda, Karimov hokimiyat tepasiga kelishi bilan demokratik tashkilotlar barobarida diniy guruhlarni ham qatag’onga oldi.

U 1990-yillarning “Ra’no Abdullaeva”siga aylandi. Faqat, Ra’no Abdullaeva hamma narsani ochiq qilgan bo’lsa, Karimov tilda dinni ulug’lab, amalda unga qarshi kurashdi…

Bir kun Beshyog’ochda demokratik tashkilotlar, muxolifat va diniy guruhlarning yo’lboshchilari xalqaro jurnalistlar uchun matbuot konferentsiyasi o’tkazdik. Men o’shanda tarixchi-professor Fayzullo Ishoqov bilan birga boshqarganimiz Demokratik islohotlar tashkilotining raisdoshi sifatida qatnashgandim.

Konferentsiyaga Islom uyg’onish partiyasining amiri Abdulla O’taev ham keldi.

Tashqarida u bilan besh-o’n daqiqa gaplashib qoldik.

Men unga:

-Saylovda qatnashamiz, deb aytdingiz, agar qatnashsangiz, diniy partiya deb hozirgi sharoitda rostdan ham ancha-buncha tarafdor to’plashingiz mumkin, hatto saylovda yutib ham chiqdingiz, deb faraz qilaylik, lekin O’zbekistonni kim bilan boshqarasiz, qanday rejim bo’ladi, kadrlaringiz bormi, agar shariat o’rnatadigan bo’lsangizlar, dunyoda buning bir modeli mavjudmi? Bu rejimni xalq istaydimi?-dedim.

Chunki ichkarida ham xuddi ana shunga o’xshash savollar bo’lgan va u aniq javob bera olmagandi. Bu nozik masala deya savollar ham mujmal, javoblar ham mujmal edi.

Shu bois men Abdulla O’taevdan ochiqchasiga so’radim. U׃

-Dunyoda to’la shariatga asoslangan birorta musulmon davlati yo’q. O’zlarini musulmon davlatlari deb ataganlar ham shariatdan uzoqdalar. Menimcha bundan keyin ham shunday bo’ladi. Men mana bu erga kelib demokratlar bilan birga yurganimning sababi ham biz o’z boshimizga hukumat qila olmasligimizni tushunganimizdandir…,-dedi.

U bilan ancha gaplashdik va uning o’zi ham dildan demokratlarning yo’lini qo’llayotgani sezilib turardi.

Oradan ko’p o’tmay, uning Misrga ketgani, qaytishda Qozog’istondan Toshkentga kiraverishda qamoqqa olinganini eshitdim. Shu bilan u dom-daraksiz yo’qolib ketdi.

Men Abdulla O’taevdan so’raganimni juda ko’p diniy ulamolar va diniy guruhlarning liderlaridan ham so’raganman. “Amerika ovozi”da ishlaganimda 2000 yilning Oktyabr oyidagi intervyuda ayni savolni O’zbekiston Islomiy harakatining boshida turgan va keyinchalik Tolibonga qo’shilib, terroristik yo’lga kirgan Tohir Yo’ldoshevga ham qaratganman va hatto u ham: “Bugun er yuzida Rasululloh alayhi va sallamdan qolgan islom modeli bugun yo’q”, (Uzbek Islamic Debats, 2006, USA, Dunwoody press, 432-bet) deb javob qilgandi.

Demak, o’sha davrda aksar islomiy guruhlarning O’zbekistonda shariat davlati qurish haqida aniq tasavvurlari ham bo’lmagan.

Shunday ekan, ular Karimov rejimiga uning dunyoviyligi uchun emas, balki uning zolimligi uchun qarshi bo’lganlar va bu rejim qulagan taqdirda ham hokimiyatni boshqarishga tajriba, reja va xalq orasida ommaviy dastaklari yo’qligi bois demokratik muxolifatga yaqin bo’lishga intilganlar.

Ha, 1990 yillarning boshida Karimov murosa qilish, til topishish va siyosiy yo’llar bilan ularning jamiyatdagi o’rinlarini topib berish o’rniga qatag’on yo’lini tanladi.

Ta’sir-aks ta’sir qonuniyati bor. Bir kishi nohaq qamalsa, uning ortida bolalari, qarindoshlari adolatsizlikka qarshi bosh ko’targanlari kabi diniy liderlarning qanchadan-qancha yaqinlari, shogirdlari rejim dushmaniga aylandilar.

Darvoqe, agar ular tahlika darajasiga etmagan bo’lsalar, Karimov nega ularni quvg’inga oldi, degan tabiiy savol tug’iladi. Ko’pchilik mana shu savolga javob berishda Karimovning 1991 yilda Namanganda Tohir Yo’ldoshev guruhi bilan uchrashuvini burilish nuqtasi sifatida ko’rsatadi.

Menimcha, burilish nuqtasi Karimov Hollandiyaga borgandan keyin yuz berdi. Hollandiyada unga׃

-Sizlarda islomiy ekstremizm bormi?-deb savol berishdi.

-Bor! Ildizi juda chuqur va tahlikali! Biz bunga qarshi kurashga tayyormiz va yordamga muhtojmiz,-dedi Karimov.

Uning bu gapi butun dunyoda aks sado berdi. Hamma yoqda shu haqda bahslar boshlandi. Tabiiyki, SSSR yiqilishidan keyin uning o’rnida paydo bo’lgan davlatlarning qaysi yo’ldan ketishi mavzusi ko’pchilikni qiziqtirar edi.

Kimdir “Karimov haq gapni aytmoqda” desa, kimdir “U dunyoni aldamoqda”, der edi. Uni qo’llaganlar va yordam berishga tayyor bo’lganlar ham bor edi.

O’shanda Karimov hali ko’karmagan niholning mevasini sotgandi. Bozor chaqqon ekan. Nasiyaga bo’lsa ham olishdi. Ana shu paytda Karimov dunyo diqqat markazida turish uchun o’ziga yo’l tanladi. Diniy guruhlar, jamoalar, liderlar xuddi mana shu maqsaddan kelib chiqib, quvg’inga olindilar.

Bu jarayonda ham ba’zi xalqaro tashkilotlar, davlatlar Karimovni tanqid qilsalar, ba’zilari uni qo’lladilar.

Asta-sekin diniy guruhlarning noroziligi keskin qarshilikka aylana boshladi. Bugunga kelib esa, hukumatning qarshisida o’ziga o’xshagan “gapga kirmaydigan” guruhlar ham paydo bo’ldi. Buni hukumatning o’zi tug’di va voyaga etkazmoqda.

Demak, bugun O’zbekistonda bir-birini mutloq ko’ra olmaydigan, bardosh va toqatdan mutloq uzoq bo’lgan ikki jabha mavjud. Buni Karimov ham bilib, ham bilmay yaratdi. Bilgani bu masalada dunyoni chalg’itib, o’z diktatorlik hokimiyatini saqlash, bahona ko’rsatish bo’lsa, bilmagani ba’zi diniy jamoalar bu qadar kuchlanib ketib, O’zbekiston kelajagini tahlika ostiga qo’yish darajasiga etishlari mumkinligi edi.

Agar AQShning Afg’onistonga hujumi yuz bermaganda bugun O’zbekistonning vaziyati nima bo’lardi, Xudo biladi.

Karimov dindorlarni ikkiga bo’ldi, uning e’lon qilinmagan shiori quyidagicha edi׃

“Xudoga emas, faqat menga sig’inganlar – mening do’stlarim!”

Menga emas, faqat Xudoga sig’inganlar – mening dushmanlarim!”

Birinchi guruhni ikinchi guruhga qarshi ishlatdi va ishlatmoqda. Otilganlar, qamalganlar, qamalayotgan va yo’qolayotganlar haqida har kuni o’qib turibmiz. O’qimaganlarimiz va bilmaganlarimiz qancha, balki kelajakda bilarmiz?

Shuning uchun ham AQSh davlat deparatamenti har yilgi hisobotida O’zbekistonni diniy erkinlik bo’lmagan davlatlar qatoriga qo’yadi. Lekin 2006 yilgi hisobotda Karimovning dindorlaraga bergan qulayliklari ham sanaladi. Masalan, hisobotda O’zbekistonga 2003 yili qaytgan muftiy Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning hech qanday to’siqlarsiz o’z diniy asarlarini nashrdan chiqarayotgani, radio orqali islom haqida dasturlar olib borayotgani, uning boshchiligida faoliyat ko’rsatayotgan “islam.uz” internet saytiga to’siq qo’yilmagani va uning Islom Universitetida mudarrislik qilayotgani misol tariqasida keltirilgan.

Dunyo bozori ana shunday mahsulotni ham olishga ishtiyoqmand bo’lgani uchun Karimov bugun o’z tomorqasining bir chetiga bunaqasini ham ekib qo’ygan.

…Turkiyaga kelganimda televidenieda diniy bahslarni ko’rib, og’zim ochilib qolgandi. Dindorlar va dunyoviychilar orasida juda keskin bahslar bo’lar ekan.

Bugunga qadar bu mamlakatda diniy tamaldagi partiyalar bir necha marta hokimiyatga keldilar. Ammo mamlakatning demokratik yo’lini o’zgartira olmadilar. Ba’zilar buni Turkiyadagi harbiylar ularning yo’lini to’sib turadi, deb izohlaydi. Menimcha, asl sabab bu erda diniy bahslar ochiq bo’lgani va hamma istagan gapini ayta olishidadir. Faqat bitta odamning og’ziga qarab qolgan jamiyat va jamoalarda rivojlanish bo’lmaydi.

Turkiyada diniy partiya mansublari parlamentda ko’pchilik bo’lganda ham, hukumat boshiga kelganda ham hech narsa qila olmadilar. Chunki ular jamiyatning anchagina qismi demokratik tuzumni yoqlashini va shariatning islohga muhtoj qoidalari bilan bugungi zamonda uzoqqa bora olmasliklarini yaxshi tushunadilar.

Bizda esa, bu mavzularda gap ochgan odam kofirga chiqariladi. Karimov rejimi ham, diniy jamoalar ham bu mavzuni “zindonband” etishgan. Katta tahlika mana shu!

Yaqinda o’quvchilarning biridan maktub oldim. U men yozgan latifalarda mullalar kulgi qilingani va diniy mavzularda ehtiyot bo’lishga chaqirgan.

Nima, Karimovni latifa qahramoni qilish mumkinu mullalarni mumkin emasmi?

Yoki mullalar odam emasmi? Odam bo’lgandan keyin latifanamo ish qilishi turgan gap. Har qanday muhofaza qilingan narsa ham baribir oshkor bo’ladi. Bu ishlar vaqtida bo’lsa, foydasi ko’proq. Kechikdimi, ko’p narsa kechikadi.

Boshqa bir misol. Karimov davrida 15 yil uning mafkurasi ostida yashab chetga chiqqan bir kishiga maktub yozdim. Odatda elektron maktublarda qisqartirishlar ishlataman. Masalan, “Assalomu alaykum” kalimalarini “AS. AL.” deb yozishga odatlanganman. U menga bu muborak kalimalarni qisqartirib, xudbinlik qilganim, o’zi qatnayotgan machitdagi imomi ham shu fikrda ekanligini yozdi.

Men esa unga׃

-Bo’lmasa, imomingizdan “sallalohu alayhi va sallam” o’rniga “S.A.V.” degan qisqartirish haqida ham so’rab bering-chi!,-degan kinoya bilan cheklandim.

Yaqinda Ramazon hayiti arafasida undan xat kelib qoldi. U meni Ramazon emas, Qurbon hayiti bilan qutlagandi…

Bugun dunyoni qonga botirayotgan narsa esa, diniy chalasavodlikdir! Karimovga va uniki kabi rejimlarga xuddi ana shu narsa kerak.

38.CHO’CHITISH

O’zbekiston rejimi juda ko’p odamlarni cho’chitib, chetga chiqarib yubordi. (Xabarlar oqimidan).

1992 yilning 16 Yanvar kuni Talabalar shaharchasida isyon bostirilganda, Karimov juda katta siyosiy-ideologik harakat boshlatdi. Jumladan, Toshkentdagi erkin ruhli talabalar muhitini yo’qotdi. Ming-minglab talabalarni uylariga jo’natdi, keyin viloyatlardan markazga qaytarmadi.

O’sha kunlari u tinimsiz majlislar, faollar uchrashuvlari, matbuot anjumanlari o’tkazar edi. Shunday uchrashuvlardan birida ruschalab juda qiziq bir gap aytdi׃

-Men ahmoq emas, kecha saylanib, bugun odamlarni ottirsam. Bir joyga qarg’alar to’plangan bo’lsa, o’sha tomonga yaxshilab bitta tosh otish kerak, hammasi “pir-shir” etib uchib ketadi. Agar tosh bittasiga tegsa, uning boshini yorsa, bu sizga yana tashvish, yana bosh og’rig’i bo’ladi. Agar otgan toshingiz qarg’alardan bittasini o’ldirsa, qarg’alar ketmay, aylanib yotaveradilar, buning ustiga, o’lganining o’ligi sasib ketadi. Bu ham etmagandek, o’sha joyga o’laksaxo’rlar keladilar. Shuning uchun tosh otishda ham ko’zga qarash kerak. Buni esa men yaxshi bilaman!O’shanda Karimov bu gapi bilan odamlarni qarg’aga o’xshatganidan xafa bo’lgandim. Ayniqsa, bu so’z ruschasida quloqqa yomon eshitilishi bilan birga, yomon odamlarga nisbatan aytilishi meni g’azablantirgandi. Mana bugun o’sha gapni eslasam, Karimov o’z “kashfiyot”ini yashirmay, ochiq aytgan ekan.

U O’zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetiga birinchi kotib bo’lgan kundan boshlab xuddi mana shu siyosatni yurg’izgandi. U odamlaraga qora qarg’alar deb qaragan. Uning 1990 yillar boshida tez-tez takrorlaydigan “qora kuchlar” degan iborasi ham ana shu bilan bog’lik ekanligini mana endi tushunish qiyin emas.

Uning odamlarni cho’chitish siyosati hamma jabhalarda qo’llanildi. Masalan, u bir kun televidenie orqali odamlarga murojaat qilib, “pulingizni turli toshlarga aylantirib, yostiqning ostida saqlayvermang, erta-indin pul almashsa kuyib qolasiz, bankka qo’ying, har narsa sotib olmang, vahima boshlanadi, hamma birdan narsa sotib olsa, qimmatchilik, qahatchilik bo’ladi” dedi. Keyin 5-6 kun davomida “pul almasharkan” degan shov-shuv bo’ldi. Odamlar omonat kassalari yonida turnaqator edilar. Hamma pulini hisoblarga qo’ydi. “Pul almashadi” degani oldingi ming so’m yangi bir so’mga aylanishi ekan. Hamma kuyib qoldi. Cho’chitish yo’li bilan xalq aldandi.

O’zbek xalqi xuddi ana shunday cho’chitishni 1990 yillarning boshida bir necha marta yashab ko’rdi.

Hayotning turli qirralarida cho’chitish kashfiyoti Karimovga katta ish berdi va bugungacha 2,5 million odam bu “kashfiyot”ning qurboni sifatida chetga chiqib ketdi. Boshqa sohalarni qo’yib turaylik-da, birgina mana shu – mamlakatdan chiqib ketish masalasiga razm solaylik.

Mamlakatdan cho’chib chiqib ketganlarni bugun uchga bo’lish mumkin׃

1.Bevosita diktator tomonidan cho’chitilganlar.

2.Rejim yaratgan iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy va boshqa muammolardan cho’chiganlar.

3.Mamlakatning va o’z taqdirlarining kelajagidan cho’chiganlar.

Har uchchalasi ham Karimov bilan bevosita yoki bilvosita bog’liq bo’lsa-da, ikkinchi va uchinchi holatlarda qarorni cho’chigan insonning o’zi beradi. U iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy va boshqa muammolardan cho’chigan paytda boshqa bir erdan barqaror joyni qidiradi, ko’radi yoki topadi. U shu bilan qisman bo’lsada maqsadiga etadi. Istasa, ona-vataniga kelib-ketib yuradi. Istasa, boshqa joylarda yashayveradi. Xullas, masalani qisman bo’lsa-da hal qiladi.

Birinchi holatda esa, Karimov “kashfiyot”ining ijrochisi bo’lgan rejim ko’pincha o’z muxoliflarini cho’chitish yo’li bilan ulardan qutilishga harakat qiladi. Bu holatda cho’chib ketganlar boshqa joylarga ko’nika olmaydilar va doim ortga qaytish tashvishi, dardi bilan yashaydilar.

Tabiiyki, muxoliflar orasida ham ikkinchi va uchinchi guruhga mansublar bo’lganidek, ikkinchi va uchinchi guruhlar orasida ham o’zini birinchi toifaga taalluqli qilib ko’rsatuvchilar bo’ladi.

Bir yigit O’zbekistonda ekan, menga juda maktublar yozib, qanday qilib chetga chiqib ketishi mumkinlgi haqida maslahat va yordamlar so’rab yurdi. U bilan maktublashmalarimiz davomida u chetga ketib, bolalarini o’qitishi, o’zini oyoqqa qo’yishi, O’zbekistonda buning imkoni yo’qligini ro’kach qilardi. Men esa, biz hayotimiz tahlikaga kirib, o’lim bilan yuzma-yuz qolganimiz uchun ketdik, mana vatan dardi degan tog’ning ostida ezilmoqdamiz, sizga u qadar tahlika yo’q, iqtisodiy jihatdan ham vaziyatingiz yomon emas, agar hamma ketaversa, vatan kimga qoladi, deya uni chetga ketish hirsidan sovutishga urinardim.

Xuddi butun dunyo meniki-yu men esa bir qismini unga berishga qizg’anayotgandek u mendan ranjidi. Imkon paydo bo’lib, chetga chiqib ketdi. Chetga chiqishi bilan Vatan haqida faryod qila boshladi.

Bu menga erish tuyuldi. Chunki u qaytib borsa, hukumat unga tegmaydi. Uni tahlika deb ham bilmaydi. Lekin bu erda men uni ayblamoqchi yoki ma’naviy sudga tortmoqchi emasman. U holda ismini ham yozgan bo’lardim. Oxir oqibatda har kim o’zi uchun o’zi javob beradi! Men faqat cho’chiganlarni guruhlarga ajratishda mana shunday holatlar ham bo’lishi mumkinligini ko’rsatmoq niyatida bu misolni keltirdim.

Asl gap birinchi guruh haqida. Nega Karimov o’z muxoliflarini darhol o’ldirish yoki darhol qamab tashlash qaroriga kelishdan oldin ularni cho’chitib, mamlakatdan chiqarib yuborishni rejalagandi?

Chunki 1990 yillarning boshida hali demokratiya uchqunlari bor va qolaversa, Karimovning o’zi hokimiyatini to’la mustahkalab olmagan edi. Shuning uchun ham kimlarnidir o’ldirib, qamab yuborishdan oldin cho’chitib ko’rishni afzal bildi. Bu ikki-uch yil davom etdi. Keyin qatag’onlarga aylandi. AQSh, Avropa bilan yaqinlashgandan keyin qatag’onlarni yana cho’chitishga aylantirdi. Bu ikki “kashfiyot” uning goh chap, goh o’ng qo’li singari navbati bilan ishladi.

1990 yilda O’zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisligiga nomzodimni qo’yganimda, bir keksa jurnalist Asqar Jalilov׃

-Sizga qarshi ovoz berdim, balki shu bilan hayotingizni saqlab qoldim,-dedi.

-Qanday qilib?-ajablandim men.

-Ahmadjon aka tanaffusda meni yonlariga chaqirib, “Agar Jahongirni saylasak, Karimov uni o’ldiradi, o’zimga telefon qilib qasam ichdi” deb aytdilar. Ahmadjon aka bu gapni aytayotganda titrab ketdilar…,-dedi u.

Ustozimiz, ulkan jurnalist Ahmadjon Muxtorov bu gapni boshqalarga ham aytganlarini eshitdim. U kishi Karimovning vajohat bilan aytgan gaplariga chin dildan ishongan… Cho’chitishning qudratiga qarang!

1993 yil, 6 Yanvar. “ERK” partiyasi binosi yaqinida “nomeri” olib qo’yilgan oq rangdagi “Jiguli” mashinasi shiddat bilan yo’limni to’sdi, men chetga qochgandim, ustimga haydadi, yana ham chetga qarab yugurgandim, yo’l chetlari bo’ylab quva boshladi. “ERK” partiyasi joylashgan binoning orqa tomonidan panjara daricha bor ekan, o’sha joyga kirib, qutulib qoldim. Bu haqda ertasiga “Izvestiya” gazetasida Mariya Lebedeva imzosi bilan chiqqan maqolada suiqasd ortida hukumat turgani yozilgandi.

Shunga o’xshash juda ko’p voqealarni yashadim. Endi ularni birma-bir tahlil qilsam, o’shanda Karimovning maqsadi hali o’ldirish bo’lmagan. Bu bilan Karimov o’shanda shavqatli bo’lgan demoqchi emasman. U ayyorlik qilib, barcha muxolifalarni cho’chitib, mamlakatdan ketkazishni rejalagan. U buyuk shoir Yusuf Juma tinmay aytayotgani-ruhimizdagi cho’chish fitratidan ustalik bilan foydalandi va foydalanib kelmoqda.

1990 yillarning muxolifatchilardan biri O’zbekistondan chiqib ketishini yozarkan, IIVga chaqirib kun bo’yi ushlab turishgani, keyin orqasidan kuzatib yurishgani va tunda do’stlari kelib “Ketmasangiz, bo’lmaydi” degandan keyingina cho’chib, mamlakatdan chiqib ketganini aytadi.

Boshqa biri o’z tarixi haqida gap ketganda, boshini yorishgani, keyin kasalaxonaga olib borishgani, u erda davolanishdan cho’chib Vatandan chiqib ketganini hikoya qiladi.

Ba’zilar esa, avval qamashgani, keyin avf etishganidan keyin “yana qamaymiz”, deb cho’chitishganini va ketishga majbur bo’lganlarini ta’kidlaydilar.

Bu ayni paytda o’shanda Karimov minglab muxolifatchilarni o’ldirib yuborishga qo’rqqanini ham ko’rsatadi. Ayniqsa, nomi chiqqanlarni o’ldirishga qo’rqqan. Shuning uchun ham avval cho’chitish usulini ishga solgan.

Bir kun Erkin Vohidov mening harakatlarimdan Karimov norozi bo’lganini aytib׃

-Ketsin, meni tinch qo’ysin, bo’lmasa, yomon bo’ldi, deb aytdilar,-dedi va mening avzoyim buzilganini ko’rib o’zini ham oraga qo’shdi׃-Rostdan ham bir muddat ketsakmikan? Meni biror elchilikka yuborsalar, ketardim. Sizning ham ko’zlab yurgan joyingiz bo’lishi mumkin? Bu odamlar baribir yaxshilikni bilmaydilar. Buning ustiga o’rmonga o’t ketgan paytda jonni saqlab qolish kerak. Baribir, hammani qutqarib bo’lmaydi…,-dedi.

O’shanda juda xafa bo’lganman. Ikki yildir bir xonada ishlab yurgan va o’sha kezda millatning vijdoni, deb bilingan bir odamdan “ketishingiz kerak” degan gapni eshitib, juda xafa bo’ldim. Hatto ketmoqchi ham bo’ldim. Bu haqda sessiyada ham gapirgandim. Lekin keyin fikrimdan qaytdim. Toki o’lim farmonini o’zim eshitmaguncha ketmayman, degan gapni ko’nglimga tuydim.

Meni qamoqqa olishgan kun general Erkin To’xtaevning kabinetida bu farmon bir necha marta yangradi, telefonlardan eshitilib turdi. Ba’zan o’ylab qolaman, balki bu ham cho’chitishmi-di? Yo’q, agar cho’chitish bo’lganda do’stlarim meni qamoqdan olib qochib ketishgandan keyin qarindoshlarim, hattto men yillab ko’rmagan sinfdoshlarimni zindonband etisharmidi, “”topib ber” deb ularni urib, tishlarini sindirisharmidi, har kuni televizordan “Davlat ahamiyatidagi alohida maxsus jinoyatchi qochdi” deb, ushlab bergan odamga millionlarni va’da qilisharmidi?! Demak, Karimov bu nuqtaga kelib, boshqa usulni ishga solgan.

Ilgari Samarqand ichki ishlar boshqarmasida ishlagan va keyin tuzumdan norozi bo’lib, AQShga kelib, siyosiy boshpana topgan Tursunpo’lat Nazarov׃

-O’sha kunlari boshqarmaning har bir xonasida suratingiz devorga osiqlik edi. Sizni ushlash uchun hamma safarbar qilingan edi…,-deydi o’sha kunlarni xotirlab.

-Xudoga shukur!,- deyman,-jallodning qo’lidan qutqazgani uchun!

Zotan Karimov uning cho’chitishini  pisand etmagan safdoshlarimizdan ba’zilarini o’ldirtirib yubordi.

Shuning uchun ham menga xatlar yozgan haligi yosh yigitga o’shanda “Vatanda turavering”, deb bekor aytgan ekanman-mi, deb o’ylanib qolaman.

Yaqinda yana bir tanishimdan xat oldim. “Turonzamin ro’znomasi”da chiqqan bir maqolani undan ko’rishibdi, uyiga kelib “Buni siz yozdingizmi?” deb so’rashibdi.

-Cho’chib qoldim, ketmasam bo’lmaydi, ketishning yo’llarini ko’rsata olasizmi?- deb yozibdi u.

Nima deyishimni bilmay turibman…

39. MUTTAHAMLIK

Odil Yoqubov 80 yillik yubileyida unvon olmadi. (Xabarlar oqimidan).

1992 yilda yozilgan “Lambada” sarlavhali maqolamda yangi qabul qilingan Konstituttsiya munosabati bilan Toshkentdagi “Navro’z” restoranida o’sha yili 8 dekabr oqshomida berilgan ziyofatda o’zbek ziyolilarining demokratlarga qarshi qatag’onlar boshlatgan Karimovga xushomadlari haqida yozgandim.

Unda quyidagi satrlar bor׃

…Said Ahmad esa hali so’zlarida davom etmoqda edilar.

-Muhtaram prezidentimiz Islom aka Karimov mustaqilligimizni e’lon qilgan pahlovon xalqimizning Alpomish o’g’li, umidlarimizning yorqin sho”lasidirlar. Mana, yana u kishining dadil va jasoratli odimlari bilan yurtimizning yangi Bosh qonuni qabul qilindi…

Said Ahmad bisotidan terib – terib hamdu sano yog’dirgani prezidentni shod qildi. Ammo Odil Yoqubov yanada jozibali, yanada obrazli nutq irod etdi:

-O’zbekiston yarador, majruh bir ot, to’g’rirog’i toychoq edi. Rus mustamlakasi paytida ezilgan bu toychoqning ko’zlari yosh, dardi og’ir edi. Islom Abdug’anievich uning yoshlarini avaylab, yollarini tarab, silliqlab, yarasiga malham bosib parvarishladilar. Bu toychoq tezda kuch to’plab, parvozga shaylangan ot holiga keldi. Bugun Islom aka sohibi davlat sifatida uni egarladilar. Dul-dul yuksak parvozlarga shaylandi. U o’z chavandoziga, chavandozi esa unga yarashib turibdi…

Balki vaqt kechib adibimiz “O’shanda men obrazli qilib, Karimov xalqning elkasiga minib oldi” degan gapni aytgandim deyishlari mumkin va hech kim e’tiroz qilmaydi. Chunki “lambada” har qanday kishining sog’lom fikrlarini toptab, or-nomus ko’chasidan uzoqlashtiradi. (“ERK” gazetasining 1994 yil, 16 May, 5(104) sonidan).

Keyin 1993 yilda Odil Yoqubov Karimov haqida “Parvoz” degan turkum yozdi va u bilan chet ellarga qilgan sayohatlari, uchqichdagi muloqotlari paytida uning buyukligini kashf qilganini aytdi.

Ma’lumki, Odil Yoqubov Sovet davrida Pop birlashmasining bosh direktori Ahmadjon Odilov haqida kitob yozgandi. Ahmadjon Odilov qamalib ketganda, bu kitob uchun uni ancha olib borib-olib kelishganini bilaman. A. Odilov qamoqdan chiqqach, “Amir Temur partiyasi”ni tuzdi. Tashkiliy majlisda Odil Yoqubov ham qatnashgandi. Shu bilan u Karimovning qora ro’yxatiga tushdi. Karimov bir-necha yillik qadrdonlikni bir zumda suvga oqizgandi.

Dunyoning ishlarini qarang, Odil aka 80 yoshga kirganda yubileyini o’sha “Navro’z” restoranida o’tkazibdi. Har holda bir paytlar xuddi ana shu joyda Said Ahmad bilan birga Karimovni ulug’laganlari yodiga tushgan bo’lsa kerak?! Agar u adashib, Ahmadjon Odilovning mashvaratiga bormaganda, 80 yoshli yubileyida balki “O’zbekiston qahramoni” bo’larmidi? Yo’q, bo’lolmasdi. Nega?

Chunki u ham KPSS Markaziy Komitetining ikkinchi kotibi Egor Ligachev 1989 yilda “Islom Karimovning akasi qamalgan” deya nomzodini ortga qaytarganda, “Akalar uchun ukalar javob bermaydi” deya Mixail Gorbachevning yo’lini to’sgan va Karimovga ko’k chiroq yoqdirgan bir necha SSSR xalq deputatlaridan biridir. Karimov o’ziga taxt olib berishda qatnashganlarning boshiga itning kunini soldi. Ularning orasida kaltak emay, saksondan sakragani Odil akadir.

O’zbekistonning birinchi Bosh vaziri va vitse prezidenti bo’lgan Shukrullo Mirsaidov gapirib bergandi׃

-Islomning nomzodi qaytgach, u Qashqadaryoda ichkilikka berilib, dachadan chiqmay qoldi. Biz ko’p yillik yaqin do’st edik. U oilamizning bir farzandi kabi edi. To’y bo’lsa xizmatkor, o’limda bel bog’lar edi. Shuning uchun uning ahvolidan men tashvishga tushdim. Solijon aka (Asli andijonlik, o’sha kunlari Surxondaryo viloyatida birinchi kotib bo’lgan Solijon Mamarasulov-JM) bilan bitta mahallada yashardik. Karimovning nomzodini qaytarib, unikini olishganini eshitdim. U Moskvaga borishidan oldin hovlisiga kelganda, tashqaridagi so’rida o’tirib, uzoq gaplashdik. U ham Karimovni qo’llaydigan bo’ldi. Keyin Moskvaga borib, SSSR xalq deputatlari Ahmadjon Muxtorov, Odil Yoqubov va yana 2-3 kishi bilan gaplashdim. Ular Gorbachevni ko’ndirdilar. Gorbachev “Toshkentda plenum o’tkazinglar, agar O’zbekiston Kompartiyasining Markaziy Komiteti a’zolari Karimovni qo’llashsa, biz ham qo’llaymiz” debdi. Plenumni tayyorladik. So’zga chiquvchilardan tortib, qarsak uruvchilargacha…

Karimov avvaliga Mirsaidovni Bosh vazirlik, vitse-prezidentlikka tavsiya qildi. Ammo oxirida uni ishdan olib, ko’cha-kuylarda kaltaklatib, badarg’a qilib, boshiga solmagan kuni qolmadi.

Ahmadjon Muxtorovni ham quvg’in qildi. U ishsiz qolib, sarson sargardonchilikda miyasiga qon quyilib olamdan o’tdi.

Mamarasulov Surxondaryodan Toshkent viloyat partiya komitetiga birinchi kotib etib keltirildi va Karimovning qahriga uchrab, ijroqo’mga tushirildi, keyin sahnadan chetlatildi.

Karimovni yoqlab, O’zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining plenumida so’zga chiqqanlar ham qatag’on qilindilar.

Nega? Bu savolga Karimovning bir kuni sessiya tanaffusida Mirsaidov bilan tortishib qolganida aytgan gaplari javob bo’lishi mumkin. Karimov baqirib׃

-Menga muttahamsan, degandek bunaqa tikilib qaramang. Men kimdandir muttaham emasman va muttaham bo’lib yashashni istamayman…

Demak, u muttahamlik nima ekanligini his qilgan va bilgan. Bu yaxshi, o’z kamchiligini his qilish, ko’ra olish bu juda ijobiy holat. Kishi kimdan qarzdor ekanligini bilishi va uni ko’rganda qarzi yodiga tushishi o’sha odamning odamgarchiligi o’lmaganini ko’rsatadi.

Karimov esa muttahamlikdan qutilishning yangi yo’lini kashf qildi. U kimlarnidir ko’rganda, o’zini muttaham deb bilmaslik uchun ularni ko’zdan yoki umuman hayotdan yiroqlashtirdi. Bugunga qadar kim Karimovga yaxshilik qilsa, o’sha odam juda tez sahnadan g’oyib bo’lganini ko’rib kelmoqdamiz.

“Amerika ovozi”da ishlaganimda bir xat olgandim. Unda jumladan shunday deyilardi׃

“O’g’lim Zokirjon hurmatli Islom Abdug’anievichning eng yaqin telexraniteli edi. Bir marta u kishiga hujum bo’lganda vujudi bilan qo’rib qolgan. Shundan keyin ”Sen meni o’g’limsan” degan ekanlar. Birdan nima bo’ldiyu, o’g’limni boshqa ishga o’tkazishdi. Keyin qamab yuborishdi. Tinmay Karimov otamizning nomlariga xat yozaman. Lekin xatlarimni u kishiga etkazishmayotganga o’xshaydilar. Iltimos, shuni radiodan aytsangiz, balki Karimov otamiz eshitib, o’g’lim, o’zlari o’g’lim deganlari – bolamni qamaganlarni jazolab, uni ozod qilib yuborarlar”.

Biz juda kamtar, xokisor xalqmiz, boshimizga nima kelsa, xuddi maqollarimizda aytilgani kabi o’zimizdan ko’ramiz, hatto tepib-tepib dor ostiga olib borishsa ham, hukm bergan hukmdor emas, dor ostiga olib kelgan oyog’im aybdor deymiz! Balki shuning uchun ham shoir ”Bu-xalq emas, ilhom parisi” deb yozgandir?!

40.HAMMA NARSANI O’ZINIKI QILISH

O’zbekistonda it hurishi uchun ham diktator Karimovning izni kerak. (Xalq orasidagi gaplardan).

“2006 yilning 1-Noyabr kuni Karimov V.Chkalov nomidagi Toshkent Aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasining bosh direktori Vadim Kucherovni ishdan oldi. Uning o’rniga bosh vazirning sobiq o’rinbosari, so’nggi vaqtlarda bosh vazir maslahatchisi lavozimida ishlab turgan O’tkir Sultonovni tayinladi”.

Bu xabar chiqmagan va aytilmagan joy qolmadi. Ammo hech kim “Nega bu ishni Karimov bajardi, bu uning vakolatiga kiradimi, yo’qmi?”,  deb so’ramadi. Bu tabiiy. Chunki odamlar hojatxona qorovulini ham Karimov tayinlab, Karimov ishdan olishiga ko’nikib qolishdi.

Toshkent Aviatsiya birlashmasi aslida aktsiyadorlik korxonasi bo’lib, rahbarni paychilar tayinlashi va paychilar saylashi kerak.  Ammo bugun O’zbekistonda hamma narsaning asliga emas, vasliga qaramoq kerak. Quyidagi uch misolning o’ziyoq ko’p narsani oydinlatadi.

…O’zbekiston televideniesiga rahbar sifatida ish boshlaganim kunlarimda ertalab majlis o’tkazayotgan edim, hukumat telefoni jiringladi. Olsam, bir kishi juda yumshoq salom-alikdan keyin׃

-Men Salim bo’laman? Yulduzxonning kontsertlarini tez-tez berib tursangiz,-dedi.

-Kim?-dedim.

-Salim, nahotki eshitmagan bo’lsangiz? Salimboyvachcha ham deyishadi…

-Biz majlisdamiz. Qolaversa, Salim degan odamni tanimas ekanman, ammo istagingiz uchun rahmat,-dedim-da telefon go’shagini joyiga qo’ydim.

Qarasam, mening yonimda o’tirgan Elbek Musaevning rangi oqargan. Parvo qilmay majlisni o’tkazdim.  Majlisdan keyin Elbek aka menga nasihat qilgan bo’ldi va Salim deganga o’xshaganlarning yuziga telefonni bekitmaslik kerakligini aytdi.

-Men telefon dastasini ataylabdan qo’yganim emas. Gap bitgach ham telefon go’shagini tutib turmaysiz-ku! Istagan odam, har bir tomoshabin televideniega telefon qilishi, xat yozishi va o’zi istagan san’atkorning ko’proq chiqishini talab qilishi mumkin,- dedim.

-Ammo Yulduz Usmonova Salimboyvachchaning iznida. U aytgan to’yga boradi va u aytgan ishni qiladi. U ham o’z navbatida yordam qiladi…

Mening diqqatimni bu masala emas, balki uning hukumat telefonidan qo’ng’iroq qilgani tortgandi. Xayolimdan ikki fikr o’tdi. Mafiya ham hukumat telefoniga ega yoki hukumat ichidan kimdir o’yin qilmoqda…

Boshqa kuni ayni telefondan Islom Karimov qo’ng’iroq qilib qoldi. Sovuqqina salom-alikdan keyin ruschalab׃

-Nega Halimani bo’shatdingiz?-dedi.

Men o’zbekchalab javob qildim:

-Halimaxonni bo’shatganim yo’q. U satrlarni hijjalab o’qigani uchun diktorlikdan Axborot bo’limiga muxbir sifatida o’tkazdim. Diktorlar o’zbekchani yaxshi bilishlari va yaxshi gapirishlari kerak…

-Menga kinoya qilayapsizmi? Bunaqa o’zboshimchalikka chek qo’ying va bugun Halima “Axborot”da chiqsin!,-dedi Karimov.

Gapning ochig’i o’shanda Salim mafiya Karimovga nisbatan ancha durust odam ekan, deb o’yladim.

Birinchidan, do’q urgan emas, ikkinchidan, talab qo’ygan emas, uchinchidan, shunchaki istak bildirdi. Agar mafiya degani shu bo’lsa, demak  qo’rqmasa ham bo’ladi, deb o’yladim.

Ammo Karimovning o’zbekcha yozuvni hijjalab o’qib jonga tekkan, o’z vazifasiga loyiq bo’lmagan oddiy bir diktorni boshqa ishga o’tkazganimga aralashganidan juda xafa bo’ldim. Axir u Prezident va katta mamlakatning katta vazifalari bilan shug’ullanishi kerak.

Yo’q. Aslida mafiya u edi. Diktorlar o’sha kezda kazo-kazolarning “tomorqasi” degan gaplar yurardi. Rost ekan, deb o’yladim. Menimcha, kazo-kazolarning emas, Karimovning “tomorqasi”  bo’lishgan. Aks taqdirda mendan kutilmagan javoblar olishi mumkinligini bilgani holda Karimov bunaqa muomala qilmasdi. Men uning “tomorqasi”ga hamla qilgandek ko’rinib, jahli chiqqan.

Men ham o’chakishib Halimaxonni qaytarmadim, Karimov ham bu masalada boshqa telefon qilmadi. Uning “Hap, senimi?” deb kin saqlaydigan odati bor. Buni ham kin daftarchasiga yozib qo’ygan bo’lsa, ne ajab?! Televideniedan tez ketganim uchun Salimboyvachcha bilan ham qaytib gaplashmadim, lekin men ketgandan keyin Halimaxon diktorlikka qaytdi, u hijjalab o’qishda  va Yulduzxon har oqshom oinajahonning yulduzi bo’lishda davom etdilar.

…O’zim deputat bo’lib saylangan Jomboy tumani markazida kitob bazasi bor edi. Uning direktori juda yaxshi bir odam edi. Bir kuni uni bo’shatib, o’rniga tuman rahbarining “odami”ni tayinlashmoqchi bo’lishibdi. Har oy bir marta Jomboyda qabul kuni o’tkazardim. Ana shu direktor zorlanib keldi׃

-Bu erda foyda yo’q. Kitob savdosidan qanday foyda kelsin? Meni bo’shatib, boshqa ish bersa mayli edi, ammo bekor qoldirishmoqda,-dedi arizasini uzatib.

Bu odamning gapiga kulgim keldi. U joyni bilaman. Nomi baza, ammo bir katta xonadan iborat ombor. Ichida kichkina oynavand xonachada direktor – ya’ni omborchi qishda muzlab, yozda nafasi qaytib o’tiradi. Kitob kelsa, tushirib oladi, do’konlar va kutubxonalar uchun  yuklashga ham yordam qiladi. Chunki ko’p hollarda ayollar kelishadi. Ammo nomi ulug’-direktor. Lekin bunday joydan bo’shatganiga zorlanishga ham arzimaydi. Shunda ham indamadim-da yonimda o’tirgan ijrokom raisiga qarasam, elkasini qisdi. Direktorning arizasini olib, unga beraman desam, olmadi.

Tuman rahbarining “odami” tayinlanayotgan joyga ijrokom raisi aralasha olmasligini aytdi. Men xatni viloyat hokimi Po’lat Abdurahmonov nomiga jo’natdim. Toshkentga kelsam, bir-ikki kundan keyin Karimov telefon qildi׃

-Biz kelishganmiz, deputatlar odamlarni ishga tayinlash va bo’shatish ishlariga aralashmaydi,-dedi va omborchi haqida gapira boshladi.

Men unga qabulimga kelgan har qanday kishini eshitishim shartligini va ularning arizalarini hokimiyat idoralariga yuborishga haqqim borligini aytishga harakat qildim. Nihoyat Karimov׃

-O’sha joy sizga kerak bo’lsa, mana manga ayting, o’zim siz aytgan odamni tayinlab beraman,-dedi.

Shunda ko’z oldimga Oliy Kengashdagi vaziyat keldi. So’zga chiqqan deputatlar Karimovdan yo’l qurilishiga yordamdan tortib, yangi traktor olishgacha bo’lgan mayda-chuydalarni so’rashardi. Hatto 7-sessiyadan keyin Karimov bilan deputatlar orasida protokol tuzilganda ham bir qancha deputatlar katta siyosiy masalalar qolib ketib, ana shunday mayda-chuydalar borasida yordam so’rashgani haliga qadar ko’z oldimda.

…Bir kuni taniqli adib Mamadali Mahmudov choyga chaqirdi. U Madaniyat fondining raisi edi va shu fond mehmonxonasida Turkiyadan kelgan ishbilarmonlarga choy berayotgan ekan. Shu erda tanishganim-ertasiga Turkiyaga jo’nab ketayotgan ishbilarmon, Turkiston dardi bilan yongan bir turk׃

-Bugun dunyoga xom-ashyo sotsangizlar birlaring ikki bo’lmaydi. Tayyor mahsulot sotish kerak. Paxtani shu erning o’zida qayta ishlab, mahsulot qilib sotilsa, bir necha baravar foyda ko’riladi. Xalqqa ish bo’ladi, pul bo’ladi, kelajak bo’ladi. Bizning buni yo’lga qo’yish uchun pulimiz ham bor, texnikamiz ham, odamlarimiz ham. Surxondaryoda bir to’qimachilik kombinati qurmoqchi edik. Viloyat hokimiyati, vazirlikdan ruxsat chiqqan. Hukumatda ham Jo’rabekov darajasida gaplashganmiz.

-Unday bo’lsa boshlayverish kerak,-dedim men oraga gap qo’shush uchun, aslida esa, gap qaysi tomonga ketayotganini anglab turgandim.

-Ammo Karimovning xonasidan hujjatlarimiz chiqmadi. Ikki yildan beri kutdik. Qachon so’rasak, “Ishlari ko’p, hali navbat kelmadi”, deyishadi. Bu ahvolda vatanni tuzata olmaysizlar. Hamma narsa bitta odamga bog’lansa va bitta odam hamma narsani o’ziniki deb bilsa, oddiy bir ishxona ochish uchun undan yillab izn kutilsa, bu mamlakat ming yil orqaga ketadi va oxirida cho’kadi!-dedi og’ir xo’rsinish bilan.

Bugun o’sha turkning gaplarini bot-bot eslayman va u qanchalik haq bo’lib chiqdi.

Turk ishbilarmoni aytgani kabi Vatanni tuzata olmadik, hamma narsa bitta odamga-diktatorga bog’lanib qoldi, mamlakat orqaga ketdi va cho’kdi! Cho’kkanda ham juda yomon cho’kdi.

41. “O’ZBEKLASHTIRISH”

Tojik tiliga ham davlat maqomi berilishi kerak! (Islom Karimovning 1990 yilda aytgan gapi).

-Mavzuni qancha davom ettirasiz?-deb so’radi bir kuni Muhammadbobir Malikov.

-Yomonning qir qilig’i deganlaridan kelib chiqib, Karimovning qirq kirdikori bilan bitiraman,-dedim.

-Bitirolmaysiz, Karimovning kashfiyotlari qirqdan ham ziyod,-dedi Bobir aka.

Haqiqatdan ham Karimovning qirqta “kashfiyoti” haqida yozib bo’lganimdan keyin hali ko’p narsa yozilmaganiga ishonch hosil qildim va mavuzni davom ettirishga qaror berdim…

…Har qanday xalq dunyoning har qanday nuqtasida emin-erkin yashasagina uning insoniy huquqlari ta’minlangan bo’ladi.

Lekin dunyoda shunday mamlakatlar borki, ularning hududlarida yashagan xalqlar garchi bu zamin ularning azaliy istiqomat joylari bo’lsada, ozchilik vaziyatiga tushganlar yoki huquqlari toptalgan. Turon zaminida yuzaga kelgan o’nlab mamlakatlarda yuz yillardir ana shunday hol hukm surgan. Rus inqilobidan keyin Turkiston zaminida tuzilgan va sun’iy nomlangan respublikalarning har biri bundan 15 yil muqaddam alohida davlatga aylangandan keyin bu hol yanada murakkablashdi.

O’zbekistonning Samarqand, Buxoro va boshqa bir qancha hududlarida tojiklar azaldan yashab kelganlari kabi Tojikistonning bir qancha joylarida o’zbeklar muqim xalq hisoblanadilar. O’zbeklar Qirg’izistonda diaspora emas, balki o’sha erning tub xalqi, o’zlari yashagan zaminning sohibi. Markaziy Osiyoning boshqa davlatlarida ham shunday. Demak,mustaqillik siyosati yakka xalqlik emas, balki umum Turkiston hududida yashayotgan barcha xalqlarning manfaatlarini ko’zlagan holda amalaga oshirilishi kerak edi. Afsuski shunday bo’lmadi.

1990 yillarning boshida Karimov o’zining tojik ekanligini yashirardi. Vaholanki, buni hamma bilardi va buning uyat joyi yo’q edi. U azaldan boshqa xalqlar qatori tojiklar ham muqim yashagan Samarqanddan bo’lgani uchun o’z millatini yashirishga ehtiyoj sezmasligi kerak edi. Qolaversa, O’zbekiston prezidenti shu mamlakat hududida yashayotgan ozchiliklardan chiqmasligi kerak degan ta’qiq ham qo’yilmagandi. Zotan tojiklar ham dunyoning qadim va madaniyatli xalqlaridan biri va ular ham azaldan yashab kelgan joylarida hamma huquqlarga ega bo’lishlari shart.

Ma’lumki, bizda rahbarga yoqish uchun ming bir tusga kirib chiqiladi. 1990 yillarning boshida Karimovga yoqishni istaganlar o’zbek tili qatorida tojik tiliga ham Davlat tili maqomi berilishini ilgari surdilar. Bu ishning boshida Oliy kengash Madaniyat va til qo’mitasi raisi Primqul Qodirov turgandi. U tayyorlagan qonun loyihasiga ba’zilar sirtdan qarshilik bildirsalar, yosh deputatlar qatori men ham ochiq va keskin qarshi chiqqan edim. Bu bilan tojik tiliga qarshi chiqqanim yo’q. Tojik tilini yaxshi ko’raman. Juda ko’p tojik do’stlarim bor. Hatto opalarimdan biri tojikka turmushga chiqqan. Bolalari va nevaralari ikki tilni ham burro bilishadi. O’zim AQShda ilmiy ko’lamda chop etilgan Tojikcha-Inglizcha yirik lug’atning mualliflaridan biriman. Lekin ayni paytda o’ta jiddiy masalalarda hissiyot aqldan ustun kelmasligi tarafdoriman. Chunki O’zbekistonda tojik tiliga davlat tili maqomini beramiz deyayotganlar bilib-bilmay ikki xalqni bir-biriga edirmoqchi edilar.

Buning ustiga o’shanda O’zbekistonda tojik tiliga davlat tili maqomi berilsa, ayni zaminda xuddi tojiklar kabi azaldan yashab kelayotgan qozoq, qirg’iz va turkmanlarni kamsitgan bo’lardik.Ular ham o’z tillariga davlat tili maqomi berilishini talab qilib chiqardilar. Xuddi shu manzara gulxan kabi yonib turgan Markaziy Osiyoning boshqa davlatlarida ham yuz berardi va shunday ham birlasha olmayotgan Turonzamin xalqlari yanada parchalanib, bir-birlariga qarshi yanada dushmanlashib ketardilar.

Biz tojiklarni ham o’z ichiga olgan Turkiston-Turon birligi(nomi boshqacha ham bo’lishi mumkin)ga intilish nuqtai nazaridan ham bu nozik masalada ehtiyot bo’lish kerakligini istardik. O’zbek tiliga davlat tili maqomi berilishini birinchi galda rus tilidan qutilish siyosati deb bilgandik. Boshqa davlatlarda ham shunday deb bilingandi.

Xullas, o’shanda sog’lom qarash g’olib kelib, Karimov va Primqul Qodirovning takliflari kun tartibidan chiqib ketgandi.

Keyinroq Karimov xorijiy jurnalistlar oldida “Mening qonimda tojik qoni bor” deb yubordi va bu uning tojikligini rasman tan olishiga yo’l ochdi. Xuddi ana shu narsa tojik tiliga davlat tili maqomini berish haqidagi taklif qayta kun tartibiga kelishiga monelik qildi. Chunki endi Karimov yomon vaziyatga tushib qolishi mumkin edi.

Har bir xalqning va tilning fidoyilari bo’lgani kabi tojik tili uchun kurashganlar ham bor. 1990 yillardan avvalroq va hozirga kunga qadar Hayot Ne’mat, Jamol Mirsaidov kabilar bu yo’lda faollik ko’rsatdilar. O’z tilini himoya qilgan har qanday odam maqtovga sazovordir. Ammo bugunga kelib, Karimov “Tojiklarning huquqlarini yo’qotib, o’zbeklashtirish” siyosatini amalga oshirmoqda, deyishlari mantiqqa ziddir. Karimov oldingi bo’limlarda yozganimizdek, aslida ruslashtirish siyosatining faolidir.

U Turkiston xalqlarning birligiga qarshi. U Turon va Turkiston g’oyasiga qarshi. Ana shu g’oyani o’ldirish uchun go’yoki “o’zbeklashtirish” siyosatini topdi.

1991 yil Parlamentda o’ziga qarshi chiqishni “toshkentliklar isyoni” deb nomlagani kabi bugun o’zbeklar, tojiklar va boshqa xalqlarning huquqlari toptalishini “o’zbeklashtirish” siyosati deb xalqqa mish-mish sifatida edirilmoqda. Bunga eng yaxshi misol quyidadir.

“Turonzamin” saytida 2006 yilning noyabrida “Tahrirsiz maktublar” rukni ostida bir xatni berdik׃

“Men ham ko’pchilik O’zbekiston fuqarolari kabi oila-yu Vatanidan ayrilib, chet elda sarson bo’lib yurganlardan biriman. Men Samarqand shahrida tojik oilasida tug’ilganman, lekin ko’pchilik kabi hujjatimda “o’zbek” deb yozilgan.

Men ushbu mamlakatda biror-bir boshpana topish ilinjida yuribman, chunki aynan tojikligim sababli men organning “kattaroq itlari” bilan janjallashib qolganman va sal qolgan ular meni (bergan va’dasiga muvofiq) “turmada chiritib yuborishlariga”.

Shular dastidan men qochib, o’zga yurtlarda mardikorlik qilib yuribman. Men sizdan O’zbekistonda “o’zbeklashtirish” siyosati qanday yutuqlar bilan olib borilayotganligi, boshqa millatlarning, ayniqsa tojiklarning haq-huquqi umuman yo’qligi haqida 4-5 faktlar berishingizni iltimos qilib so’rayman.

Men ushbu iltimos bilan IGNPU raisi Surat Ikromovga murojaat qilgandim, o’zini Bahodir Eliboev deb tanitgan yodamchilaridan javob keldi va ikki-uch xat olib javob yozganimdan keyin umuman javob kelmay qo’ydi. Sizning saytingizdan elektron pochtangizning adresini topdim-da, darhol sizga, katta umid bilan yozdim.

Haq yo’lida qilayotgan buyuk ishlaringizga yutuqlar tilab Salim.”

Men tahririyat nomidan unga qisqa bir javob yozdim׃

“Salimjon, O’zbekistonda o’zbeklashtirish siyosati yo’q, balki fikri bor har qanday odamni manqurtlashtirish yoki yo’qotish siyosati bor. Karimov o’zi tojik bo’lgani holda qanday qilib tojiklarni o’zbeklashtirish siyosatini yurgizishi mumkin? Uning uchun insonlarning millati emas, fikri tahlikalidir. Sizga ham tojik bo’lganingiz uchun emas, balki organdagilarga gap qaytarib, fikringiz borligini ko’rsatganingiz uchun zug’um bo’lgan bo’lsa haqiqatga mos tushadi. Siz haqiqatni boshqa joydan izlamoqdasiz. Bugun O’zbekistonda hamma millat vakillari birdek ezilmoqdalar.”

Undan e’tiroz maktubi keldi.

“Assalomu alaykum!!! Men yana bir bor sizga murojaat qilishga majburman. Sizga savolimga bergan javobingiz uchun behad minnatdorchiligimni bildiraman.

Lekin, ushbu javobingizdan keyin menda yana bir qancha savollar tug’ildi (kechirasiz men faqat tojiklar misolida gapiraman, chunki bu men shaxsan o’zim ko’rganlarim, lekin bu keltiriladigan misollar huddi shunday rus millatiga ham mansub, boshqa millat vakillari ham xuddi shu ahvoldaligiga ishonchim komil):

1.”O’zbeklashtirish” siyosati mavjud bo’lmasa, nega 28-33% aholisi tojik millatiga mansub bo’lgan mamlakatda oliygohlarda tojik fakultetlari, tojik guruhlari (yoppasiga desa ham bo’ladi) yopildi.

2. 100% aholisi tojik millatiga mansub bo’lgan joylarda ham tojik maktablari yopildi. O’qish boshqa tillarda olib boriladigan maktablardagi tojik sinflari yopildi.

3.Tojik (rus va boshqa) tilida chop etiladigan ro’znomalar yopildi.

4.Televidenieda tojik tilidagi namoyishlar, radiodagi eshittirishlar umuman barham topdi. Hozirgi kund arus tilida faqatgina yangiliklar olib boriladi, xolos.

5.Biror ishga borsangiz (asosan yaxshiroq joy bo’lsa) avvalo millatingizni so’rashadi. “Kattaroq” ishlarda to pasportingizda “O’ZBEK” degan yozuv bo’lmasa umuman yaqinlashmaysiz…

va hokazolarni ko’plab misol keltirish mumkin.

Sizni juda chuqur hurmat qilgan holda ushbu e’tirozlarim to’g’riligini qabul aylarsiz.

To’g’ri Siz O’zbekistondan ketgan davrda bu narsalar unchalik rivojlanmagan edi, lekin hozirgi kunda boshqa millatlarning ahvoli yig’lagulik darajada!!!

Sizga salomatlik tilab Salim”.

Unga yozgan javobimda tojiklarga nisbatan o’zbeklashtirish siyosati yo’qligini yana bir bor urg’ulashga va dalillashga to’g’ri keldi׃

“O’zbeklashtirish siyosati yo’qligiga juda katta misol shuki, tojiklardan chiqqan Bahodir Matlyubov Ichki ishlar vaziridir. Hukumatda ana shunday vazirlar juda ko’p. Shunday ekan, vaziri tojik bo’lgan holda qaysi oddiy xodimi o’zicha siyosat o’rnata oladi?

O’zbekistonda siyosatni faqat bir kishi belgilaydi – Karimov, va yana bir kishi ijro etadi-Matlyubov. Bularning ikkalasi ham tojik.

Keyingi yillarda o’nlab o’zbekcha gazetalar ham yopildi. Muxolifatning gazetalariga ham umuman yo’l berilmaydi. Maktablar va tojikcha kitoblar masalasi esa, pulga va diktatura fitratiga bog’liq. Agar Tojikistondan darsliklar olinsa, ularda Rahmonov ulug’langan. Bu esa, Karimovga yoqmaydi. Tojikiston, Qirg’iziston va Qozog’istondagi o’zbeklar va tojiklarning ham ahvoli ayni. Bu diktatorlik siyosatining mahsulidir.

Diktatura hamma narsaning, jumladan milliy ozchiliklarning ham kushandasidir”.

Undan qaytib xat kelmadi. Demak, u mendan ranjidi. Bu tabiiy hol. Chunki faqat u emas, boshqalar ham 15 yilda ana shunday vaziyatga tushdilar. Dod deng, voy deng foydasi yo’q. Ular Karimov “kashfiyo”tlarining qurbonlaridir.

E’tibor qiling, bugunga qadar turkiy jumhuriyatlar orasida bir butunlik yo’q. Bu ham Karimovning aybi bilan bo’lmoqda. Bir buzg’unchi olamni buzishga etib ortadi, degan gap bor. Bugun Turkistonning bir bo’lagi-O’zbekistonda yashagan turkiy xalqlarning mansublariga “Sen turksan” deb ko’ring, yoqangizni yirtib berishadi. “Men O’zbekman” deyishadi. Mana buni o’zbeklashtirish deyish mumkin. Ya’ni Karimovning “o’zbeklashtirish” siyosati faqat tojiklarga emas, balki butun Turon-Turkiston xalqlariga qarshidir. Ko’rdingizmi, o’zbeklashtirish shu darajaga etdiki, odamlar o’zlarining asl kimliklarini rad eta boshladilar. Mana buni “kashfiyot” desa bo’ladi.

42. KAMBAG’ALLASHTIRISH

O’zbekistonda boylar bo’lmaydi.(Islom Karimov).

Esingizda bo’lsa kerak, 2005 yilning dekabr oyida Konstituttsiya qabul qilingan kun munosabati bilan gapirgan Islom Karimov “O’zbekistonda boylar bo’lmaydi” degan edi. Buni ikki xil sharhlashdi. Ba’zilar “Karimov sotsializm yo’liga qaytmoqda” deyishsa, ba’zilar “Endi xalqning qolgan-qutgan narsasi ham tortib olinadi” deyishdi.

Birinchi qarash bo’yicha shuni aytish kerakki, Karimov zotan kommunistik-sotsialistik yo’ldan bir qadam ham chekingan emas, balki ancha ilgari ketdi. Sho’rolar bu rejimni qattol bir tuzumga aylantirgan bo’lsalar, Karimov “qattol”ning qavatiga “battol”ni ham qo’shdi. Ikkinchi fikrni aytganlar ancha narsani ko’ra oladigan ekanlar, haqiqatdan ham Karimov xalqning qo’lida qolgan qolgan-qutganini ham tortib oldi.

2005 yilning Konstitutsiya bayramigacha O’zbekistondan chiqib ketganlar soni 1,5 million atrofida ekanligi aytilayotgandi. 2006 yilning ayni kuniga ozgina qolganda AQSh hukumati O’zbekistondan chiqib ketganlar soni 3,5 million atrofida bo’lganini aytdi. Menimcha, bundan ham ko’proq. Bugun to’rt milliondan ziyod o’zbekistonlik dunyo bo’ylab sarson-sargardon. Karimov, uning rejimi va O’zbekistonda qolgan aholi ana shuning hosobiga yashamoqda.

Kimdir 4 million odam oyida bir dollardan yuborsa 4 million, 100 dollardan yuborsa mamlakatga 400 million dollar kirmoqda, demak, O’zbekiston kambag’allashmayati, balki boyimoqda, deyishi mumkin. Zotan hukumat ham odamlarning kallasiga ana shu fikrni suqmoqda. Lekin pul kirishi ko’paygani bilan O’zbekiston kambag’allashmoqda va odamlarning hayoti it yotish, mirzo turishga aylanmoqda. Bunga chetga chiqib ketganlarning ham 99 foyizi kiradi.

Nega?

Yaqinda televizorda Meksikadan tayyorlangan bir soatlik ko’rsatuvni tomosha qildim. O’ylab yurgan juda ko’p xayollarimning tasdig’ini topdim. Qishloqlar huvillab qolgan. Hammayoq xaroba. Uylarda bir ikki ayolni uchratish mumkin. Qolgani bolalar. Loy kechib yurishibdi. Maktablar bo’m-bo’sh. Ammo markazda hammayoq gullab yashnagan. Umum aholining juda va juda oz qismi shohona yashamoqda va qolgan aksariyat qismi qashshoq. Ko’z oldingizga O’zbekiston kelmoqda, shunday emasmi?

Darvoqe qishloqlar huvillab qolgan bo’lsa, erkaklar qaerda? Qaerda bo’lardi, Amerikada. Butun Amerikaning qora ishini shular bajarishadi. Qurilishdan tortib, ko’cha supurishga qadar hamma joyda shular. Bir uyda 10-20 kishi bo’lib yashashadi. Ko’z oldingizga Rossiya va Qozog’istondagi o’zbeklar kelmoqda, shunday emasmi? Chunki men ham ko’rsatuvni ko’rib, shu o’zbeklar haqida o’yladim.

Amerikada norasmiy yashayotgan ispanlar soni bugun 10-15 million ekani aytilmoqda. Ular tong otmasdan kun botganga qadar ishlaydilar. Naqd pul oladlar. Qo’llarida telefon. Unga to’laydilar. Mashinalari yo’q. Tashuvchiga to’laydilar. Uylari yo’q. Ijaraga to’laydilar. Uyda ovqat pishirish yo’q, oshxonaga to’laydilar va hokazo. Qolganini vatanga jo’natadilar. Vatandagilarning ham qorni och – kelgan pulni eb bitirishadi. To’yga, o’yin-kulgiga sarflashadi. Oshxonaga sarflashadi. Kelib turibdi, kelaveradi deb o’ylashadi-da! Qarzni ham qaytarish kerak. Axir bolasi Amerikaga borish uchun 15-20 ming dollar qarz olib yo’lga chiqqan-da. Yana O’zbekiston ko’z oldingizga keldi-a?

Ispanlarning mana shu manzarasi 50-60 yildan beri davom etmoqda.

Ularning juda oz qismi oilasini olib kelib, muqim hayotga kirishgan. Mana endigina ular o’z haqlari uchun kurashib, AQShdan hammalariga fuqarolik berilishini talab qilmoqdalar. Bu ham afsona.

Meksikada ilgari zulm hukmron bo’lgan, ammo bugun demokratiya. Lekin vaziyat o’zgarmayapti. O’zbekiston ham shu yo’ldan ketmoqda.

Bundan bir necha yil oldin jiyan bo’lmish tanishim chetga chiqib, pul ishlab, uyiga yubora boshladi. Uydagilar rohatda, u esa do’zzax azobida. Bir kuni unga׃

-Yoshing o’tib ketmoqda. Avval besh-to’rt so’m to’plab, o’qigin. Keyin yaxshi ish topib, ota-onangni ham olib chiqasan. Agar ular chiqmasalar, yordam qilib turasan. Birinchi galda o’zing oyoqqa tur,- dedim.

Yosh bolada, men aytgan gaplarni oqizmay-tomizmay ota-onasiga aytibdi. Ular unga mendan uzoq turishni maslahat qilishdimi, har holda besh yilki u telefon qilmaydi. Yaqinda surishtirsam, ahvoli o’sha-o’sha ekan. Qora ish qilib yuribdi va topgan pulini Vatanga jo’natmoqda. U pul aylanib-aylanib Karimovning xazinasiga tushmoqda.

Bugun O’zbekistondan chiqqan 4 milliondan ziyod odamning akasariyati xuddi ana shu yo’l bilan Karimov rejimiga ishlamoqda. Ular bu rejimni xalq tashvishidan ozod qilish bilan birga, uning xazinasini ham to’ldirmoqdalar.

…1990 yillarning boshida Karimov barcha kolxoz-sovxozlarga “Toyota” engil mashinasi sotib olishga buyurdi. Yo’llar yomon. Ta’mirlash xizmati yo’q. Ehtiyot qismlar keltirish yo’lga qo’yilmagan. Mashinalar qisqa vaqtda to’kilib, yo’q bo’lib ketdi. Mamlakatning millionlari ko’kka sovurildi.

Keyin Karimov Yaponiyadan to’qimachilk korxonlari uchun 4-“avlod” texnikasini sotib olishga buyurdi. Hammayoqni stanok bosib ketdi. Ishlatadigan, ta’mirlaydigan mutaxassis yo’q. Bu ham mayli, yaponlar allaqachon mazkur jihozlarning 8-“avlodi”ni chiqarishga o’tishgandi. Dunyo bozorida ana shu “avlod”ning mahsulotlari.

-Nega bunday qildik?,-deb so’radim bir majlisda Karimovdan.

-Bu iqtisod, bu bizning ishimiz, bitta sakkizinchi “avlod”ning puliga 20 ta 4-“avlod” stanogini beradi…,-dedi Karimov xuddi siri ochilib qolganda jahli chiqqan odamdek zaharxanda ohangda.

Hammasi yo’q bo’lib ketdi.

Karimov shunday bo’lishini bilmagan deb ayta olmayman. U bilgan. Men iqtisoddan uzoq bo’lgan bir odam tushungan narsani iqtisodchi Karimov tushunmaydimi? Tushungan va tushungani uchun ham shunday qilgan. Unga xalqning boyishi emas, balki kambag’allashuvi kerak bo’lgan. U mana shunday bitimlar orqasidan o’ziga oladiganini olgan. Xalq esa qashshoqlashmog’i zarur. Bugun ham Rossiya bilan qilinayotgan shartnomlarni qarang, hammasi Karimov va oilasining boyishiga, xalqning talanishiga qaratilgan.

U bekordan bekorga “Kambag’al xalq itoatkor bo’ladi” deb aytmagan edi. U bugunga kelib, O’zbekiston xalqini qashshoqqa aylantirib bo’ldi. Lekin xalq ochdan o’layotgani yo’q. O’lmaydi ham. Qancha kambag’allashasa, shuncha ko’p chetga ketadi. Qancha ko’p ketsa, shuncha ko’p pul keladi. Qancha ko’p pul kelsa Kaarimovga yaxshi. Aylanib xazinasiga tushadi. Mana sizga “kashfiyot”!

43. FOLBINLASHTIRISH

Karimov uch yildan keyin o’ladi. (Ukrainada yashayotgan o’zbek folbinning bashorati).

1990 yillarning boshida bir kun Prezident devoniga kirib kelayotganimda, o’rta bo’yli, semiz bir odamga duch keldim. Tanimadim. Ammoumenitanirekan׃

-Assalomu alaykum Jahongir aka,-dedi menga qo’l uzatar ekan, xuddi devorlardan qo’rqayotgandek atrofga alangladi. Atrofda hech kimyo’qligiga ishonch hosil qilib, so’zida davom etdi׃

-Siz meni tanimaysiz, ammo men sizni yaxshi bilaman, siz haqingizda ham fol ochganman…

Negadir o’sha paytga qadar folbinlar faqat ayol bo’ladi, deb o’ylar ekanman. Folga va folbinlarga ishonmaganim uchun ham bu sohaga qiziqmaganman. Shuning uchun erkak kishining “Men sizga fol ham ochganman” degan gapi erish tuyuldi v agapni cho’zmadim. U esa׃

-Kelajakda mening xizmatim kerak bo’lsa, bosh ustiga,-dedi qo’lini ko’ksiga qo’yib. Keyin pichirlagan ohangda׃

-O’zlariga ham fol ko’rdim,-dedi barmog’ini yuqoriga ishora qilib va qaddini rostlab tashqariga chiqib ketdi. Yuqorida esa Karimovning kabineti.

Bu kichik voqea bo’lsada, xayolimda bir qancha savollar uyg’otdi. Bu odam agar folbin bo’lsa va Devonga chaqirilgan bo’lsa, nega bir o’zi chiqib ketmoqda? Uni kimdir olib kelgan va kimdir kuzatib qo’yishi kerak emasmi?

Ikkinchidan, u qanday qilib Devon ichidagi yo’llarni biladi? Agar bilmaganda o’zini bu qadar erkin tutarmidi?

O’shanda Devonda ishlaydigan jizzaxlik bir kishiga bu haqda gap ochdim. U Devonga bir folbin ishga olinganini eshitganini aytdi. Devonda birov bir narsani aniq bilsa-da mana shu narsa shunday deb aytmaydi. Faqat “eshitdim” deb aytiladi.

Masalan, Karimov Samarqand viloyat hokimini ishdan olmoqchi. Buni bilgan odam darhol tanishiga “Eshitib qoldim, Nurmurodov ketdi”, deydi. U odam darhol boshqa tanishiga yuguradi. Uchunchisi ichkarida gapirishga qo’rqib do’stini choyga boshlaydi. Shu zayl har qanday gap devonda tez tarqaladi. Hamma o’zini hamma narsadan xabardor qilib ko’rsatishga urinadi. Shuning uchun ham men tanishimning “eshitdim” deganidan “Devonga bir tabib ishga olindi”, degan xulosaga keldim.

Jizzaxlik tanishim yana׃

-U namanganlik ekan, eshitishimcha hamma aytganlari to’g’ri chiqayotganmish,-dedi.

Oradan qariyb bir yil o’tib, haligi namanganlik folbinni Devon hovlisida ko’rib qoldim. U endi juda sovuq ko’rishdi. To’g’rirog’i, mening salomimga arang alik oldi.

Demak, men O’zbekistondan ketib qolishimni u o’sha vaqtda bilgan. Yo’q. Menimcha, u o’sha vaqtda meni qamalib ketadi, deb o’ylagan. Balki fol ko’rdim, shunday chiqdi, deb birovga aytgan bo’lsa ham ne ajab? Lekin Karimov unga nimadir deganini angladim…

Bir kuni Karimov moskvalik bir folbinni chaqirganini aytib qolishdi. Juda zo’r emish. Hamma gapni oldindan bilar va ayta olar ekan. Hatto Karimovga qarshi davlat to’ntarishi qilmoqchi bo’lganlarni ham aytib bergan emish. Bu gapni menga aytgan odamga “Nahotki siyosat folbinlarning aytganiga qarab qoldi?” deb javob qildim. U odam Devonda juda nufuzli edi va haliga qadar ham nufuzini yo’qotgani yo’q.

-Ertaga o’sha folbin Ichki Ishlar vazirligi binosida sanoqli odamlarga fol ochadi, bir sinab ko’ring, sizdan nima ketdi, men ham boraman, istasangiz oilangiz bilan keling, men ham oilam bilan boraman, chunki u folbin birgalikda ko’rishi kerak ekan,-dedi.

Mendan nima ketdi, dedim-da umr yo’ldoshimni olib, haligi odam aytgan joyga bordim. Birgalikda kirdik. Folbin bir ayol ekan. Bizni qator qilib qo’yib, elektrni o’chirib, kichik bir shamni yoqdi. Keyin bir nimalar deb bizni uxlatishga urindi. U bizni uxlatib, kelajagimizni ko’rar emish. Bu folbin emas, gipnozchi bo’lsa kerak, deb kulgim keldi. U rosa urindi, ammo uyqum emas, negadir kulgim kelaverdi. Oxiri u׃

-Sizning elkalaringizda farishtalaringiz bor ekan, menga hujum qilib, yo’l bermayapti,-dedi.

Shu bilan bizga javob bo’ldi. Ammo boshqalar uning kuchli ekanligini ancha gapirib yurishdi.

Keyin Karimovning folbinlarga juda ishonishi haqida va u “folbinman” degan odamni huzuriga chaqirishi to’g’risida ko’p eshitdim. Bugun bu gapning qizig’i yo’q. Chunki butun O’zbekiston folbinga ishonadigan bo’lib qoldi. Diktatura sharoitida Xudoga va hukumatga ishonmagan odamlar folbinga ishonadilar. Deyarli har bir qishloq va shaharning o’z folbinlari bor va ularning eshigi yonida turnaqator odamlar turishadi.

Yaqinda Toshkentdagi tanishimdan maktub oldim. Uning yozishicha, shu kecha-kunduzda mamlakatdagi folbinlar Karimovning qachon o’lishiga javob qidirishmoqda.

Gap shundaki, Ukrainada bir o’zbek folbini bor ekan. U Ukraina prezidenti Yushchenkoga saylovdan oldin zaharlanishi, ammo baribir prezident bo’lishini aytgan va bu to’g’ri chiqqach, uning yaqin do’stiga aylangan ekan. Ana shu o’zbek folbin׃

-Islom Karimov uch yildan keyin, yilning birinchi yarmida to’satdan o’lib qoladi,- deb aytibdi.

Aytganlari to’g’ri chiqadigan bu folbinning bashoratini Yushchenko MDH liderlarining yaqinda Kiev uchrashuvidan keyin “Sog’ligingizga qarang”, degan ma’noda Karimovga etkazibdi.

Shundan beri Devondagi folbinlar ukrainalik hamkasblarining bashoratini yolg’onga chiqarishga urinishayotgan ekan. Ular buning yo’lini topa olishmagan shekilli, viloyatlardagi boshqa folbinlar ham bu ishga safarbar etilgan.

Ularning ko’pchiligi Ukrainadagi folbinga tan berishib, uning Karimovdan keyin o’rniga u juda ham qo’rqqan 19 kishidan biri kelishi mumkinliginiaytganiga ham ishonishmoqda.

Bu xabarni menga etkazgan tanishim katta biznes boshlamoqchi edi. Negadir ishni orqaga tashlabdi. Sababini surishtirsam׃

-Uch yildan keyin…,-dedi.

Men uni tushungandek bo’ldim, lekin o’ylanib qoldim. Balki bu ham Karimovning kashfiyoti bo’lsa-chi? Buni eshitgan odamlar “Yana uch yilgina qolibdi, chidaymiz-da”, deb hamma narsaga ko’z yumishlari ham mumkin-da. Lekin…

Dam olish kuni AQShdagi Atlantik Sitiga bordik. Okean bo’yidagi taxta to’shalgan yo’ldan yurarkanmiz diqqatimni o’nlab folbinxonalar tortdi. Folning ham har turlisi bo’lar ekan. Ammo eng ko’pi musulmon dunyosidagi mamlakatlarning nomi bilan bog’liq. Masalan, bittasining peshtoqiga “Misrchasiga fol ochish” deb yozilgan. Ichkarida o’tirgan juvon ham misrlik. Qiziqib qaraganimizdan foydalanib, u bizni qo’yardaqo’ymay xonasiga chaqirdi.

Haligi Toshkentdan kelgan xabar yodimga tushdi va׃

-Faqat bitta savol bor, biz diktatorimizdan qachon qutulamiz va men Vatanga qachon qaytaman?,-dedim.

U qo’limni ushlab turib, gapni har tomonga olib qochayotgan edi, biz darhol u bilan xayr-xo’sh qildik. Ammo u yuzimga qarab turib׃

-Diktatoring uch yildan keyin ketadi, hov naryoqqa,-dedi.

Tasodifni qarang!

44. “TUZ”LARNI YO’QOTISH

Yana bir hokim arizasini yozdi. (Xabarlar oqimidan).

Qarta o’yinida har qanday qartani ura oladigan kozirlar bo’ladi. Kozirlar odatda tashqi kuch ta’siridan paydo bo’ladi. Ammo kozirdan tashqarisini ura oladigan doimiy qarta bo’lmish tuzlarga nisbat berib ba’zi odamlarni ham xalq orasida “tuz” deyishadi. Karimov ana shunday “tuz” larni yo’qotishga usta.

1990 yillarning boshida uning uchun asosiy “tuz” Shukrullo Mirsaidov edi.

Birinchidan, u xalq orasida tajribali rahbar sifatida tanilgan.

Ikkinchidan, boshqaruv tizimlarida o’z tarafdorlariga ega. Uchinchidan, muxolifat bilan ham til topisha oladi.

Aslida Karimov bu “tuz”ni ham boshqalari kabi faqat o’zi o’ynagisi bor edi. Ammo u Karimovga tobe bo’lib qolishni istamadigina emas, balki “kozir”ni urmoqchi bo’ldi. Lekin urolmadi. Karimov uning har uchchala ildiziga hujum qildi. Avval rahbar sifatida maydondan chetlatdi. Keyin boshqaruv tizimlaridagi tarafdorlarini yo’qotdi va nihoyat muxolifat bilan ham aloqasini kesdi.

Karimov uchun yana bir “tuz” Nazir Rajabov edi.

Men Nazir Rajabov haqida ilk bor 1970 yillarning oxiri 1980 yillarning boshida u Buxoroda (u asli romitanlik-JM) yong’inga uchragan bir yirik korxona binosini qayta tiklash loyihasini tayyorlab, SSSR Davlat mukofotini olganda eshitgandim. Keyin u juda yosh bo’lishiga qaramasdan juda katta vazifalarda ishladi, Qurilish vaziri bo’ldi, Namangan viloyat partiya qo’mitasining birinchi kotibligidan Samarqand viloyatiga ayni vazifaga o’tkazilganda, uni bevosita tanidim.

U yangicha fikrlaydigan, tashabbuskor, tinib-tinchimas, adolat tomonida mahkam turadigan, adolatsizlikka chiday olmaydigan bir rahbar edi.

Ilgari Samarqandda xuddi ana shunday bir rahbar bo’lgan – Vladimir Nikolaevich Qodirov. Uni 43 yoshida zaharlab o’ldirishgan. (Bolalar uyidan chiqqan xalqparvar Qodirov haqida yozgan kitobim oshkoralik yillarida “Qishloq haqiqati” gazetasida davomli o’laroq e’lon qilingandi-JM).

Menga Qodirovni eslatgan Nazir Rajabovning taqdiridan ham qo’rqardim. Kommunistik rejim paytida ham xalq tomonida bo’lgan sanoqli rahbarlar etishgan, lekin ularni tezda yo’qotishgan. O’g’rilar, militsiya, mafiya, hatto partiyaning ichidagilar ham Nazir Rajabovga qarshi edilar.

U adolatpesha rahbar bo’lish bilan birga adabiyotsevar ham edi. Mashrab she’rlarini to’laligicha yoddan biladigan, Navoiy asarlari borasida hammani hayratga solib, lol etadigan bir inson edi.

Men yozgan yuzlab fel’etonlar bo’yicha u tekshirishlar o’tkazdirib, begunoh qamalgan yuzlab odamlarni ozodlikka chiqargan, bukilgan haqiqatni tiklagandi. Ammo bir kun qo’rqqanim bo’ldi. “Obkom”binosiga kelsam, hamma sarosimada. Ideologiya kotibi rahmatli Farog’at Shukurovaning xonasiga borsam, u yig’lab o’tiribdi:

-Nazir akani qo’liga kishan solib olib ketdilar,-dedi u.

Keyin Nazir aka hikoya qilishicha, uni qurilish mashinasining beton qorishtiriladigan qutisi ichiga tashlab, aylantira-aylantira bir joyga olib borib, u erdan Moskvaga etkazib, zindonband etishgan.

Unga qo’llanilmagan qiynoqning o’zi qolmagan. “Sport bilan shug’ullanganim jismonan va Navoiy hamda Mashrabni yoddan bilganim ma’nan meni qutqazdi” degan edi u. Qiynoqlardan har kuni hushidan ketib, hushiga qaytgan.

Biz Samarqandda “Nazir Rajabovni ozod qilish va o’z ish joyiga tiklash qo’mitasini” tuzdik.

Islom Karimov kelib, uni rosa maqtadi, birga o’qiganligi va vatanparvarligini, millatparvarligini, haqiqatni himoya qiluvchi insonligini aytib, “Mana qamoqdan chiqdi, oqlangani haqidagi qog’ozni olib kelishi bilan joyiga tiklaymiz” deya Samarqandda “birinchi”likka Po’lat Abdurahmonovni tayinladi.

Nazir aka oqlandi. Ammo Karimov so’zida turmadi. Nazir aka haqida uni yomon otliq qiladigan targ’ibot yurg’izdi va keyin ham Abdurahmonovni qayta tayinlab ketdi.

Nazir aka Karimovning qarshiliklariga qaramasdan 1990 yilda O’zbekiston xalq deputati etib saylandi. Ammo Karimov unga nisbatan og’ir zug’umni bir kun ham to’xtatmadi. Uni hatto Buxoroda o’zi ilk bor boshqargan qurilish tashkilotida ham ishlashga qo’ymadi.

Keyin uning Moskvaga ketib qolgani haqida eshitdim va bu tashkilotchi hamda adolatsevar odamning bundan so’nggi taqdiri haqida boshqa ma’lumotga ega emasman.

Karimov bevosita o’z komandasidan chiqqan yoki komandasidagilardan “tuz”ligi iddao qilinganlarni ham “kallaklab” turdi.

Kim bo’lishidan qat’iy nazar xalq orasida Karimovdan keyin uning o’rniga kelishi haqida gap tarqalsa, uning boshi “sapcha” bo’lib ketaverdi. Uzoqqa bormaylik, Zokir Almatov, Qodir G’ulomov, Kozim To’laganov va boshqalar ana shunday nomlari prezidentlikka taxmin qilinib, har tomonda gapirila boshlangan qo’lbola “tuz”lardan edilar.

Yangi ”tuz”lardan biri haqida 2006 yilning 29 iyul kuni Demokratik O’zbekiston Kongressining Internet sahifasida quyidagilar yozilgan edi׃

“Karimovdan keyin O’zbekistonni boshqarishga qodir rahbarlar yo’q degan gaplarni eshitamiz. Bor va anchagina. Bazi manbalarga ko’ra yaqinda Islom Karimov bundan bir necha ayil oldin 2500 yilligi nishonlangan Samarqandning 2750 yilligini o’tkazish tashabbusi bilan chiqqan viloyat hokimi Mamarizo Nurmurotov (pasportda: Mamarizo Berdimuratovich Nurmuratov)ning taklifini qabul qilgan va uni chaqirib gaplashgan. Uning Bosh vazir etib tayinlanishi va Karimovdan keyin mamlakatni boshqarishi mumkinligi aytilmoqda. Bunga hatto Putin ham qarshi emas ekan.

Chunki 1960 yilda Samarqand viloyatining Payariq tumanida tug’ilgan Nurmurotov Leningraddagi moliya-iqtisod institutini bitirgan – Putining mahallasida. Yana mutaxassisligi iqtisodchi, iqtisod fanlari nomzodi. Bu birinchi omil.

Ikkinchi omil esa, Karimov o’z otasi asli Payariqdan ekanligini aytadi va Nurmurotovni otasiga jiyan-nevara deb biladi. Shuning uchun ham uni topishi bilan tez “tepa”ga ko’tardi.

Nurmurotov mehnat faoliyatini 1982 yilda Toshkent xalq xo’jaligi institutida (Karimovning jonajon oliygohida) o’qituvchilikdan boshlagan. 1985-1988 yillarda Moskva moliya institutining aspiranti bo’lgan. Moskvadan qaytgach, 1988 yildan 1991 gacha Toshkent xalq xo’jaligi institutida o’qituvchi, 1991-1993 yillarda Toshkent moliya instituti dotsenti bo’lgan.

Bu yog’iga qarang:

1993-2000 yillarda O’zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi maslahatchisi, o’rinbosari, birinchi o’rinbosari vazifalarida ishlagan. Keyin 2000-2004 yillarda O’zbekiston Respublikasi moliya vaziri. 2004 yil iyul oyidan buyon Samarqand viloyati hokimi.

2005 yil yanvar oyidan O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi.

Karimovning ko’nglida yotgan nomzodlardan biri ana shu! Yo’q desangiz vajingizni ayting!

Mamarizo Nurmurotovni yaqindan tanigan kishilardan biri:

-U Samarqand Universiteti oldidagi hech kim jura’t eta olmagan “Bulvar”dagi qadimiy chinorlarni qo’porib tashladi. Falakning gardishi bilan prezident bo’lib qolsa, Karimovning “chinor”larini ham qo’porib tashlashi mumkin!-dedi.

Lekin yana samarqanddan “poshsho” chiqishi qandaydir noroziliklarga sabab ham bo’lishi turgan gap. Ammo bitta samarqandlikning xatosini ikkinchisi tuzatsa bu qadimiy shahrimiz obro’si uchun yaxshi bo’ladi.

Aslida ham u prezident bo’lib qolsa, u reformator deb iqtisodiy islohotlar qilishi va demokratik muxolifatga ham yo’l ochishi mumkinligiga ishonganlar bor. Ammo bu yil ham o’tgan yilgi kabi Samarqand viloyati paxta planini bajara olmasa, bu uning yo’lini to’suvchilarga qo’l kelishi va Mirziyoevlar uni Karimovning ko’nglidan chiqarishlari hech gap emas…”

Taxmin to’g’ri chiqdi. Karimovga kirib, “Nurmurotov prezident bo’laman” deb yuribdi va bu haqda xabarlar ham chiqarmoqda, deyishgan ekan, Karimov unga telefon qilib, juda qattiq haqoratlagan va arizani yozishni buyurgan. Nurmurotov bu xabar chiqib ketishidan bexabar ekanligini tushuntiriish uchun Karimovning qabuliga kirishga harchand urinmasin, qabul qilinmagan. Natijada ishdan ketish haqida arizani yozib topshirgan. Yana bir “tuz” yo’qotildi…