YAQIN MOZIY

O’ng so’z o’rnida


SO’Z MULKI
JAHONGIRLIGIGA DA’VOGAR

Bitilmagan bir qoida bor: shogirdlar ustoz haqida yozishsa yarashadi. Necha yillarki, ana shu an’ana davom etib kelmoqda. Jumladan, men ham ko’p azizlarning ulug’ yo’llari, hayotni bezagan umrlari, sizu bizga saboq bo’lgan dunyolari xususida ko’p yozganman. Ammo shogirdim haqida ilk bor qo’lga qalam olishim.
Buning sabablari ancha. Avvalo shogird misoli farzanding kabi  dil rishtasi. Ota-bobolarimiz o’g’il – qizlarni maqtashniyu ko’z-ko’z qilishni olijanob ish deb hisoblamaganlar. Qolaversa, maqtov tufayli shogirdni taltaytirib qo’ymasmikanmiz degan istihola bor. Xullas, ko’zga ko’rinmas xitoy devorlari-yu, andisha va ming o’y-xayollar u haqda dadil bir so’z aytishga yo’l qo’ymas edi. Nazarimda, eng asosiysi haqiqiy shogirdsizlik hamda uning , ya’ni tolibi shogirdning kelajagiga shubha bilan qarash hisoblangan.
Ha, zamon ham, makon ham, tarix ham minglab oqpadar shogirdlar bo’lgani va borligidan guvohlik beradi. Hayotligida ustozim deb, so’ng uning pok yuziga qora chaplaganlarni kim bilmaydi? Ustozining qabriga qaramay o’tgan, boshqalarga qo’shilib uni haqoratlagan, o’zgalar bilan bir taraf turib, buzurgini er bilan yakson qilish uchun qo’l ko’targanlar ozmi? Balki shuning uchun ham ustozlar ko’p hollarda churq etmay, dunyodan indamaygina, hech bo’lmaganda, shogirdlari haqida ikki og’izgina na u yoqlik, na bu yoqlik so’z aytib ketgandirlar? Xullas, bu mushohadalarimda hayotda ko’rganlarim, eshitganlarim, bilganlarimning bir bo’lagini ifodaladim.
Ha, shogird haqida cho’chimay, ikkilanmay, shubhalanmay so’z aytish har kimga ham nasib etavermaydi. Biroq men shogirdim to’g’risida dadil gapirib kelayapman va bugun u haqdagi fikirlarimni qog’ozga tushirdim. Chunki u taltayib ketmasligiga, ishonch va umidlarimni poymol etmasligiga asosim bor!  Bu asoslar – yillar!  Bu asos – har kunlik suhbatlaru bahslar, sog’inchlar!
… Bir kuni gazeta sahifasining qoralamasini  o’qib o’tirgan edim, eshik “shiq” etib ochildi-yu, qorasoch bir yigit mo’raladi-da, yana eshikni yopib qo’ydi. Oradan ancha vaqt o’tib bu hol boz takrorlandi. Men ishimni, ya’ni satrlarni hijjalab o’qishda davom etaverdim. Eshik uchinchi marta ochilganda:
– Nima gap? – dedim.
– Men Mamatov Jahongir…- deya oldi haligi yigitcha etti marta yutinib.
– Nima gap?
– Toshkentdan Samarqandga keldim, ishga olsangiz!
Redaksiyaga ishga qabul qilish murakkab. agar uning kimligini, qalami qandayligini bilmasangiz, bu murakkablik o’n karra kuchayadi. Buning ustiga, butun fikri-zikrim sabil sahifada. Juda jiddiy hujjatni e’lon qilayotgan edik. Redaksiyada ishchi kuchi etarli emas. Navoiy viloyati tuzilib, ba’zilarni yangi tashkil etilgan gazeta redaksiyasiga yuborganmiz. Shu bois “xabar olib turing” deb javob qildim. Yigitcha shuv etib qizardi-da, shart burilib chiqib ketdi.     Oradan bir hafta o’tar-o’tmas sahifada shirin bir lavhani o’qib qoldim. Jomboyda bunaqa yozadigan yo’q edi, redaksiyada yaxshilab tahrir qilishibdi-da, deb o’yladim. Ikki kundan keyin yana shu imzoga ko’zim tushdi. Endi uning publisistikasi sahifada turar edi. Albatta, uncha-muncha qalam urishga to’g’ri keldi. Ammo uning nimasidir bor edi.Muallifni chaqirtirdim, kelmadi. So’ng mas’ul kotibga buyurdim:
– “Samarqand eri sahovati”ni shu yigitga topshiring, qani qanday yoritadi?
– U sal osmonda shekilli, chaqirtirganingizda kelmadiku…
– Nima ish qilar ekan?
Ulug’bek nomli sovxozda direktor muovini, o’zi ToshDUning jurnalistika fakultetini bitirgan.
– Unday bo’lsa, u erda nima qiladi?
– Toshkentda kechki bo’limda o’qib, kunduzi gazetalarda ishlagan ekan, “Toshkent haqiqati”, “Qishloq haqiqati”, keyin radio… Haligi “Tabarruk zamin” programmasini shu yigit tayyorlar edi.
– Ha-ha, bilaman, esimga tushdi, nega “osmon”da yuribdi?
– Ish so’rab kelgan ekan. ”Ko’zoynakning yuqorisidan qarab “yo’q” dedilar” deya ranjibdi.
– Uni darrov erga tushiramiz qo’yamiz!
Shunday dedim-uyu uning katta bir maqolasi ostidagi imzoga “Lenin yo’li” gazetasining Jomboydagi muvaqqat muxbiri” deb qo’shib qo’ydim. Qalamkashga bir dunyo boylik emas, bir og’iz shirin so’z kifoya.  U redaksiyada paydo bo’ldi. Ancha suhbat qurdik. Fikirlari tiniq, mulohazasi durust.
– Dushanba kunidan qishloq xo’jaligi bo’limiga kelib ishlayvering, – dedim unga.
“Xo’p” deb chiqib ketdi-yu, kelmadi. So’ng Jomboyga oilasi bilan ko’chib borganini, ishi yaxshi ekanligini ro’kach qildi. Men unga deyarli har kuni topshiriq beraman. U esa “qani kim engiladi” deb o’ylasa kerak, errtalab maqolani hozirlab keladi. Xullas, nafaqat menga, hay’at a’zolariga ham uning chaqqonligi, topqirligi ma’qul tushdi.
– Mana buyruq, bo’limni qabul qiling, – dedim bir kuni.
– Raykom javob bermayapti, – dedi.
Jomboy nohiya partiya komitetiga xat yozdim. Javob bo’lmadi. Keyin birinchi kotibga qo’ng’iroq qildim. “O’zimizga kerak” dedi. Ikkinchi xatga ham javob olinmagach, viloyat partiya komitetiga murojaat qildim. Shundan keyin javob berishdi.
Bu voqeani batafsil eslashimning boisi bor. Oldingi yili kazo-kazolardan biri O’zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining o’sha kezdagi ikkinchi kotibi V.P.Anishchev nomiga uning haqida bo’htonnoma uyushtiradi. Ana shu uzundan uzun xatda, jumladan, shunday deyiladi: “U oshna og’aynigarchilik tufayli Jomboyga borib partiyaga o’tdi, so’ng birdaniga viloyat gazetasida bo’lim mudiri bo’ldi, olti oy o’tmay, partiya turmushi bo’limiga boshliq etib qo’yishdi.
Bo’hton xatni to’rt oy tekshirishdi. Bu paytda u jumhuriyatda iqtidorli qalamkash sifatida tanilgan va Samarqandda dami ancha o’tkir shaxslarning “dumi”ni bosgan edi. Shu bois ”undan bir narsa topish va kalishini to’g’rilab qo’yish” vazifa qilib olingan edi. Afsuski, u “Lenin yo’li” gazetasi redaksiyasida KPSS a’zoligiga qabul qilingani, redaksiyada oshna og’aynigarchilik bir tiyin ekanligi, bu erda qalam qandayligi ish berishini raqiblar bilardilar. To’g’ri, Jomboyda uni partiya a’zoligiga nomzodlikka qabul qilishgan. U brigadir emas, katta sovxozning ko’zga ko’ringan rahbarlaridan edi. Buning ustiga, bu lavozimda ishlayotganlar viloyat partiya komiteti nomenklaturasida turardilar. Qolaversa, ulug’beklik kommunistlar uning qobiliyatiga, mehnatiga qarab baho berishgan. Shu sababdan tekshiruvchilar KPSS Ustavi talablariga to’la rioya qilingan deya xulosa chiqarishga majbur bo’ldilar.    Yaqinda uning kundalik daftari qo’limga tushdi. Bir necha yillardan buyon qidirib yurgan narsalarim ana shu daftardagi satrlarga jo bo’lgan edi. Mana siz ham biroz ko’z yugurtiring, eng avvalo samimiyatni ilg’ab olasiz.
“Samarqand shahridan Panjakent ko’chasi bo’ylab Urgut tarafga to’rt kilometr chamasi yurilgach “Obimashhad” degan yozuvga ko’zingiz tushadi. Shu erdan ancha pastlikda buloqlar suvini jamlab Obimashhad arig’i oqadi. Ariq yoqasida tarixi ming yillarga borib taqaladigan “Pulimurg’ob” qabristoni bor. Uning bir chetida yonma-yon uch qabr turibdi. Men uchun juda aziz zotlarning jasadi shu erga qyoyilgan. Sag’ana toshlaridan birida shunday yozuvlarni o’qiysiz:
“Buvim qayda” desa nevarangiz goh,
Suv bo’lib oqaman, qalbimda zorim,
Nomi Munavvaru, o’zi esa,    oh…
Dardlarga qul bo’lgan onaizorim!
Hali men dunyoga kelmasimdan oldin onam og’ir dardga uchraganlar. Oqqon kasali u zotni yildan yil “so’rib” bordi. U kishini juda yaxshi eslayman. Yolg’iz o’g’il bo’lganim uchunmi, besh qizlarini koyib, meni ayardilar.
Bir kuni sinf rahbarimiz uyga keldi. Onam bilan nimalarnidir gaplashdi. Bilsam, direktor “Medal uchun 350 so’m kerak, xarajati bor” deganmish…”
Uning guvohnomasida faqat a’lo baholar, ammo oltin medal berishmadi. U nohaqlikka ilk bor shunda to’qnash keldi. Lekin adolatsizlikka qarshi kurashuvchan bo’lishini tasavvuriga sig’dira olmas edi. Onadan ayrildiyu otadan ayrildi. Etimlik azobini tortdi. Toshkentga kelib ham o’qidi, ham ishladi. Qishloqdan chiqqan bu yigitga na oshnasi, na og’ayinisi yordam qildi. Uni yaxshi odamlar, insonparvar kishilar qavatlariga olishdi. Mehnatdan, ayniqsa eng zahmatli ish – gazeta ishidan qochmadi. Kimdir uni surgundagi zaxmatdan ham og’ir degan ekan. Haq gap!
Xullas, u “Sovet O’zbekistoni” gazetasining Samarqand viloyati bo’yicha muxbiri etib tayinlangach, yarq etib ko’zga tashlandi. Men shunda mehnatlarim zoe ketmaganini angladim. Uning qalami obdon charxlanguncha, fe’li jurnalist xalqiga moslashguncha, ustozlik mehrini ayamadim, desam maqtanish bo’lmas.
Samarqandda uni deyarli hamma taniydi. Kimdir “Sovet O’zbekistoni” da bosilgan o’tkir maqolalari, fel’etonlarini, yana kimdir “Qishloq haqiqati”da chop etilgan publisistik chiqishlari, ijtimoiy ocherklarini, yana birov “Mushtum”dagi harbu zarblarini, “oinai jahon”dagi ko’rinishlarini,”Hayot quvonchlari va tashvishlari” ning Samarqandga bag’ishlangan ko’rsatuvini biladi. Hamma-hammasida uning dalilligi, qat’iyati, jur’ati ko’zga tashlanadi.     Hali muxbirlar partiya xodimi haqida mulohazali maqola yozishni orzu qilishganda, u bir necha raykomlar faoliyatini birinchi kotibi bilan qo’shib fosh etib tashlaganini bilamiz.
Masalan, “Sovet O’zbekistoni”da bosilgan “Ishtixonda ishchanlik etmaydi” maqolasini yaxshi eslayman. Adolatsizlik, nohaqlik xususidagi “Homiylar”, “Haqiqatning ko’zi ko’r emas”, “Bir kommunist taqdiri”, “Ta’qib”, “Sud”, “Qaro ko’zim kelu…”, “Bo’hton” singari maqola va feletonlarida o’nlab kishilarning tashvishlariga sherik bo’ldi, dardlariga malham qidirdi. Tuhmat tufayli qamalib ketgan bir necha kishi uning chiqishlaridan keyin partiyaga, ishiga tiklandi, qancha odamlarning haqiqatga ishonchi ortdi, ayni paytda noodillar ayovsiz tanqid ostida qoldilar. Bunday kezda jurnalistga juda qiyin. Bizda hali ham “men aybdorman” deydigan mard oz. Shu boisdan Jahongir Mamatovga oson kechmadi. Uning ustidan bo’htonlar bitishdi, qo’rqitishdi, ammo u chekinmadi.
Ko’p odamlar mendan iltimos qilishgan: “Shogirdingizga ayting, shuni yozmasin!” Aytsam yozmasligini, so’zimni ikki qila olmasligini bilaman. Ammo biror marta ham unga “falonchini yozma”deb aytmaganman. Bu avvalo o’zimning vijdonimga xilof bo’lsa, qolaversa, ijodkorning fikrini, qarashini, kurashini sindirish kerak emas, aksincha unga madad bo’lish zarurligini o’z hayotimdan yaxshi bilaman.     Men Jahongirni ataylab ajratib ko’rsatayotganim yo’q. Jomboyliklar ishonch bildirib 293-saylov okrugidan uning nomzodini O’zbekiston SSR xalq deputatligiga ko’rsatishdi. Ular xato qilishmaganini ta’kidlamoqchiman, xolos.
Ko’zbo’yamachilik, qo’shib yozish haqida 1984 yildan e’tiboran gapira boshladik. Lekin Samarqand viloyati “Lenin yo’li” gazetasining 1983 yilgi sahifalarini varaqlasangiz, kurash ertaroq boshlanganini sezasiz. Men Jahongirning “Namoz botir” degan ocherkini hamon eslayman. U qo’shib yozish qurboni bo’lgan jomboylik bir paxtakorning qismatini 1983 yilda juda qat’iyat bilan gazeta sahifasiga olib chiqqan edi. Buni jomboyliklar yaxshi xotirlashsa kerak. Biz o’ziga o’zi o’t qo’ygan ayollar haqida endi gapira boshlaganimizda “Qishloq haqiqati” uning “Ayanchli qismat” sarlavhali ijtimoiy ocherkini bosgan.
Bugun men shodman: odamlar shogirdimga ishonishdi. Bu mening ham orzuim edi. Jahongir ana shu mas’uliyatni his etadi, nafaqat jomboyliklarga, balki butun Samarqandga astoydil xizmat qiladi. Chunki uning qalbida dardi bor, bu – nohaqlikka, adolatsizlikka qarshi kurash dardi, oddiy odamlarni baxtiyor ko’rishga umid dardi! Xuddi ana shu narsa uning saylovoldi dasturida ham ifodasini topgan.    Men hech ikkilanmay unga ishonchli vakil bo’ldim. Adolatsevar jomboyliklarni 18 fevral kuni Jahongir Mamatov (Jahongir Muhammad) nomzodini qo’llab ovoz berishga da’vat etaman!
Ahmadjon Muxtorov,
O’zbekiston Jurnalistlar uyushmasi boshqaruvining raisi, SSSR Oliy Sovetining a’zosi.
«Yosh leninchi» (Turkiston) gazetasi- 1990 yil 6 yanvar 5-(13441)


KUNDAGA QO’YILGAN BOSH

yoki mustaqillikning  mashaqqatli yo’llari xususida so’z

MOZIYGA MUROJAAT

Sayxun va Jayxun o’rab turgan bu zaminning “peshonasi sho’r” ekan. Nega deysizmi? Axir qaysi yurt bu qadar ko’p aziyat chekkan, bu qadar ko’p talofat bergan, bu qadar ko’p qoni to’kilgan? Uch karra tili, etmish etti marta qo’li kesilgan bu yurtning taqdiri haqida hali hech kim aniq tasavvurga ega emas va hali beri bu qusur barham topmasligi aniq.

Kimlar bosib olishni orzu qilmadi va kimlar bosib olmadi? Jangu jadalsiz o’tgan yili bormi bu yurtning?  Gohida Mashriq tarafdan, gohida Mag’rib yondan otlar dupuri kelib turdi, o’qlar yog’ildi boshiga. Ba’zan Spitamen bo’lib ko’kdan yog’ilgan o’qqa ko’ksini qalqon qildi o’g’lonlari. Ba’zan Muqanno bo’lib lovullagan olovga kirdi jigarbandalari.  Temur Malik bo’lib yog’iyga yopirildi. Jaloliddin Manguberdi bo’lib samanda sakradi sarkardalari. Sohibqiron Temur hazratning ham ko’ksiga qonli iz bo’ldi yovning shum niyatlari.

Biroq olov ichida, jang qurshovida, o’qlar ostida yuksalishdan to’xtamadi bu yurt. Ulug’ Sino bo’lib ko’kardi, Beruniy, Al-Xorazmiy bo’lib tafakkur daraxtiga aylandi, Al-Farob, Farg’oniy va Mirzo Ulug’beklar bo’lib dunyo ilmxonasiga yo’l soldi, Mir Alisher, Zahiriddin Bobur bo’lib kuyladi, Imom Buxoriy, Ahmad Yassaviy,  At-Termiziy, Xo’ja Ahrori vali bo’lib odob – ahliq saltanatini ustuvor etdi. Cho’lponu  Usmon, Fitratu Qodiriy bo’lib jonini jabborga berdi bu yurt.

Neva sohilida uyg’ongan Pyotrning tushlariga bu yurtning oltinlari kirdi. Ekaterinadan tortib, inqilob qilichidan yiqilgan Romanovlarga qadar va so’ng Brejnevgacha ham,  bu yurtning tillolari, boyliklari, mahnat uchun yaralgan “oltin qo’llari” tinchlik bermadi.

Biz bugun mustaqillik haqida gapirar ekanmiz, eng avvalo, yurtimizni kimlar va nima uchun bosib olishganini anglab etishimiz kerak. Taassufki, hali bolalarimiz “ixtiyoriy qo’shilganmiz” deya saboq olishmoqda. Hali general gubernator Kaufmanning “Elni tiz cho’ktirish uchun uning madaniyatini yakson qilish kerak”  degan “purhikmat” so’zlarini farzandlarimiz bilishmaydi. Skoblev, Chernyaev degan zotlarning qilichidan oqqan qon dog’lari tariximizning chang bosgan sahifalarida ko’rinmasdan qolayotir. Registon madrasasida otib tashlangan talabalar ruhi qariyb bir asirdirki, osmonimiz uzra chirqillab yuribdi.

Endigina Qodiriy daftarini ochdik. Usmon mustaqillik uchun zanjirlanganini bildik, xolos.  Biroq,  moziy uzoq  va yaqin o’tmish hali qorong’ulik ichra mag’lub bo’lib turibdi. Hali nur yoritgan emas bu kenglikni.

Mustaqil jumhuriyatning fozilu-fuzalolari ilm nuri ila bu olamni yoritajaklariga ishonchim komil. Shu bois o’zim “tishim o’tadigan” kunlardan so’z ochmoqchiman. Zero, bugun to’la mustaqillik o’zi kelmasligini har birimiz idrok etishimiz va har birimiz u haqda o’z so’zimizni aytishimiz shart.

DOHIY  DAHOSI

Kimki olamdan o’tmasin, uni erga topshirar ekanmiz, qabristonda “U qanday odam edi?” degan savol beriladi. Hamma “yaxshi edi” deydi. Bu ulug’ hikmat.  Chunki u doril fanodan dorul baqoga ketdi. Endi uni qaytarib ololmaysiz. Uni haqorat qilsangiz boshingizga kulfat yog’iladi. Uni so’roqqa tutaman desangiz tilingiz toshga aylanadi.  Ammo “Dohiy tirik!” degan gap qonimizga singib ketgan. Qolaversa, jasadini hali hach kim erga topshirgan emas.

Men Leninni so’roqqa tutish yoki ayblashdan yiroqdaman. Faqat oshkoralik kunlarida ochiqcha gapirish uchun ul zotni eslash joiz deb o’ylayman. Negaki, bugun biz Oktyabr inqilobidan buyon mustaqillik uchun kurashimizni yashirib kelganimizni tan olmoq uchun ham uni eslash zarur. Bolalikdan tilimiz Lenin deb kalimaga keldi. Hatto er-xotin munosabatlarida ham lenincha nazariyalar yaratildi. Bolalar Lenin ruhida tarbiyalandi. Uning kommunizmga eltuvchi asarlari xonadonlarimiz boyligiga aylandi. Shu darajaga keldiki, Lenin rolini ijro etgan artistlarning ko’ksiga oltin nishon taqish taomilga kirdi.   Bu zotning nomi berilmagan maskan qolmadi.

Bu uning aybi emas. Bu bizning, qolaversa, bizni qullikda saqlamoqchi bo’lgan ulug’ leninchilarning ishlari va balki qilmishlaridir. Axir Leninning to’la asarlar to’plami ham chala bo’lib chiqdi-ku?!  Yurtlarni bosib olish,  mustamlakani kuchaytirish xususidagi  “asarlar” shu paytgacha yashirib kelingan ekan-ku?!  Yaqinda oshkor etilgan mana bu satrlarni bir o’qib ko’ring-a,  tarjima qilishga qo’l bormaydi:

“… Postaratsya nakazat  Latviyu i Eslandiyu voennim obrazom ( naprimer “na plechax” Balaxovicha pereyti gde libo granitsu xot na 1 verstu i povesit 100 – 1000 ix chinovnikov i bogachey) …”.

“Daho”ning bu asarlari yaqinda partiya arxividan  topildi. Hatto , Hindiston, Koreya, Afg’oniston, Ingliziston, Eron, Turkiya, Gretsiyada ham ana shunday yo’llar bilan ham qo’zg’olon ko’tarishni bashorat qilgan ekanlar. Mo’g’ulistonga qo’zg’olon uchun pul va otryad jo’natish haqida ko’rgazmalar bergan, Fin to’polonlariga 10 million so’m “yordam” yubortirgan ekanlar. Markaziy matbuotda e’lon qilingan bu hujjatlarga razm solarkanman, hozirgacha ulug’ dohiy  vasiyatlariga qanchalik sodiq qolingani haqida o’ylayman.  Uzoqqa bormaylik. Parkent voqealarini eslang. Bu xususda ko’p gapirilgan, ammo kam yozilgan. SSSR Ichki ishlar vazirligining maxsus diviziyasi vakili M.P. Salyutin imzo chekkan bir hujjatdan misol keltiraman:

“1990 yil 2 mart. soat 13.05. Toshkent viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig’ining o’rinbosari podpolkovnik Volkov SSSR Ichki ishlar qo’shinlari rahbariyatiga qo’ng’iroq qilib Parkentga 100 harbiy mashina yuborishni, bu erda uchinchi mart kuni ruxsat etilmagan miting bo’lishi ehtimoli borligini va ommaviy tartibsizlik boshlanib ketishi mumkinligini aytdi”.

Darhol qo’shin Parkentga qarab yo’l oldi.  ( Keyinchalik O’zbekiston Oliy Kengashi komissiyasi bu harakat mutlaqo noto’g’ri bo’lganini aniqlaydi. – J.M.). Bo’kada ommaviy qirg’inning oldi olindi. “Daho”  vasiyatiga sodiq, ayni paytda O’zbekistonni qo’ldan chiqarib yubormaslikka ahd qilgan zo’ravonlar tashvishga tushdilar. Endi, nima bo’lsa ham Parkentda olov yoqish kerak edi. Bunga qandaydir darajada erishdilar ham. Ammo kutilgan natija bo’lmadi. O’zbekiston yonmadi. So’ng kattaroq operatsiyaga kirishildi. Endi ish O’shda boshlandi. Bu safar O’rta Osiyoga olov qo’yilishi kerak edi. Oxir oqibatda tag’in ularning rejalari barbod bo’ldi.

Bugun “mustaqillik o’zi kelmaydi, uning uchun kurashish kerak”  degan gaplarni ko’p eshitamiz.  Ha, kurashish kerak. Biz nafaqat kurashdik,  balki bu yo’lda qon ham to’kdik. Farg’onada yiqilgan yigitlar, Qo’qonda o’qqa tutilganlar, Parkentda shahid bo’lganlar, O’shda jon berganlar – bular mustaqillik uchun qurbon bo’lganlardir.  Mustaqillik maydonida qad ko’tarajak “Ozodlik” yodgorligi ana shularning hammasini mujassam aylamog’i kerak.

Eng dahshatlisi shundaki, Leninnig kuch ishlatish haqidagi bashoratlari KPSS Markaziy Komitetining ikkinchi odami,  Bosh kotib o’rinbosari Ivashkoning ish stolidan ham topildi.  Mana sizga jumboqning kaliti. Bu yog’ini tushunib olish uchun donishmand bo’lish talab etilmaydi.

ADAShGANLAR,  ADAShMAGANLAR

Safar uchrashuvlarida keksa bir otaxon qiziq savol berdilar:
– Bolam,  oz emas, ko’p emas, saksonni qoralab qo’ydim. Sen mening savolimga faqat to’g’ri javob ber. Chunki sen eshitgan, o’qigan, men esa barini ko’rganman. Qani aytchi, inqilobdan nima orttirdik?

O’ylanib qoldim. Hech narsa deyishga haqqim yo’q. Chunki qarshimda tirik tarix, guvoh turibdi. Ko’p narsa yo’qotdik, deganlarning  gapini takrorlasammikan?  Balki orzularimiz etti etim bo’lib qolganini gapirsammi? Bir lahzada hayolimda ana shu singari o’n sakkiz ming savol aylandi. Javob esa yurakda ekan.
– Saylash huquqini orttirdik. Ammo shuni ham ba’zan rahbarning aldov-qaldoviga almashtirdik, ba’zan loqaydlik yo’liga qurbon qildik, ba’zan kimgadir, nimagadir sotdik…
Ana shuning uchun o’nglanmayapmiz. Chunki bu huquq o’zimizning  qismatimiz, onamizning taqdiri, otamizning armoni, bolamizning istiqboli edi. Biz esa buni goh anglab, goh anglamay toptadik. Bu huquq O’zbekiston edi. O’zimiz uni mensimasdik, qo’sh qo’llab manfaatparastlarga topshirib qo’ydik…

Javobim cho’zilib ketdi. Ammo otaxon indamay qo’lini fotihaga  ochdi:
– Iloyo xudo mening gunohlarimni avf etsin. Men endi kim uchun, nima uchun ovoz berishimni bilaman. Faqat mening ovozim bilan O’zbekiston o’nglanarmikan?  Tangridan o’tinchim shuki, menga o’xshaganlarning  ko’ksiga O’zbekiston uchun ovoz berish hukmini solsin!

Bu quruq va qizil gaplarga o’xshaydi.  Yo’q, bu oddiy haqiqat. Xalqimizning ko’zini bog’lab qo’yishgan, tilini “qo’rg’oshinlab” tashlashgan edi. Shu bois unga oq ham qora rangda ko’rinar, dilidagi gapi o’zining shaxsiy mulki bo’lib qolaverardi. Uning yakkayu yagona erki – saylovdagi ovozini yulib olib katta minbarlardan gapiradigan o’g’il – qizlari ham gung va kar edilar. Ular gapirardilar, lekin asosan o’rgatilgan , yozib berilgan, to’qilgan, o’ylab topilgan bo’lardi bu gap. Ular eshitardilar, biroq xalq dardini,  alamini emas, ko’pgina yuqoridagi to’ralarning “hikmatlarini”. Ammo bugun xalqning ko’zi ochiq,  dilidagini gapiryapti. Zero, qaerdaki so’z tirik ekan, demak o’sha erda hali hayot bor.

Ammo otaxonning “Faqat mening ovozim bilan” degan titroq saslari, hamon qo’loqlarim ostida. Bu jumboq zamiridagi ma’noni O’zbekiston Oliy Kengashi birinchi sessiyasida angladim. Jumhuriyat taqdiri muhokama bo’layotgan chog’da “Faqat ikki daqiqa so’z bering, O’zbekiston taqdiri bilan bog’liq taklifim bor!” deya raisga xat yozdim,  so’z ololmadim.  Nima demoqchi edim.

“Aziz do’stlar! Birodarlar faqat bir yoqlama mustaqillik haqida o’ylasak, xato qilamiz. Avvalo bizga iqtisodiy mustaqillikni erkin fikrlashimiz uchun, mafkuraviy, ma’naviy, axloqiy mustaqillik zarur. Shu bois ham ikkalasini  yonma-yon muhokama qilaylik. Bizning qadriyatlarimiz, madaniyatimiz, pok ahloqimiz  bo’ronga uchrab tanazzulga yuz tutmoqda. Qachongacha majburiy “tarbiya” ta’sirida bo’lamiz? Bugun mafkuraviy  bo’ron yo’llarini yopaylik…”.

Raislik qiluvchi so’z bermagandan keyin deputatlarga murojaat qildim.

– Faqat bir daqiqa so’z beringlar, jumhuriyat taqdiri bilan bog’liq taklifim bor!

“Vaqt ketyapti”, “ Bu ahvolda qachon uyga qaytamiz“,  “Yo’q bermaymiz…”.  Shu daqiqada xalq bilan yuzma-yuz bo’lmagan, bir mavzedan faqat o’z nomzodini qo’yib, odamlarni tanlovsiz saylovga ro’baro’ qilgan va saylov emas, siylov nash’asini surgan “farzandlar” nafasini sezdim.

Indamasdan keta olmas edim. Prezident huzuriga  bordim. Taklifimning ma’nosini sharhlab berdim:
– Nega oldinroq menga aytmadingiz, – dedi u.

Gp shundaki, shu nafas sessiya oxirigacha hukmronlik qilgandi.  Istashsa, muhokamaga chek qo’yishdi, istashsa, savollarni bo’g’ishdi. Nihoyat, sessiya yakunlanayotgan kunda bu yana ham yorqinlashdi.

Bir kun avval jumhuriyat dardi – harbiyga chaqiriluvga doir masala elni titratdi. Kimdir yonib so’zladi, kimdir tutab, kimdir yig’lab gapirdi, kimdir loqaydlik bilan. Qaror hech kimni qoniqtirmqdi. Shu sababdan ertalab yana shu masalaga  qaytish  zarurati o’rtaga qo’yildi.

Kim uchundir temir tobutlarning ichida yotgan jasadlar begona, ammo daladagi ish muhim!  Kim uchundir tinch kunlarda armiyadan ko’z qarosi,  jigarbandi – o’g’lining o’ligini olib kelgan otaning,  onaizorning bo’zlashlari hech narsa emas, ammo dalaga borib buyruqbozlik qilish zarurat.

Rim faylasufi Epikketning so’zlari yodimga tushadi: “Odam pulsiz, uysiz, er-mulksiz qolsa sadqai sar – bularning hammasi unga tegishli emas. Insonning o’z haqiqiy mulki – qadr-qimmatini yo’qotishi achinarlidir”. Ha, bu mulkni saqlab qolish kerak. Bunga erishmasak “ adashganlar” safiga qo’shilib ketamiz. Yurt dardi, el-ulus dardidan yiroq qolamiz. Hayot esa baribir o’z hukmini chiqaradi.

Ammo ana shu adashganlar qisqa vaqtda mustamlakadan mustaqillik e’lon qilishgacha yo’lni bosib o’tdilar. Ularga ishongim keladi. Uyg’onayotgan yurtga; uyg’onayotgan o’g’lonlarga ishongim bor. Faqat ular endi yana ko’zlarini yummasliklari, yurt taqdiri hal bo’layotganda pinakka ketmasliklari zarur. Aks holda buyuk mustaqillik, endigina ko’kara boshlagan demokratiyamiz, hali bugun ko’zi ochilayotgan buloq – oshkoralik qo’limizdan ketadi.  Buni istamaydiganlar ko’p. O’zbek elini manqurtlar eliga aylantirish umidida jon fido qilayotganlar oz emas.

Shu paytgacha ko’p adashdik.  Endi adashish – halokat.  Bugun – sinov, tarixiy sinov davri. Sinov davrida adashganlar do’zaxning ang olovli hilqatlariga tushgan kabi azob chekishlari aniq. Xudo o’zi asrasin adashmoqdan!

“KUCh  ADOLATDADUR! “

Yaqinda o’zini dunyoga ustun deb yurgan siyosatdonlardan biri “Rossiya suverenitet haqida harakat boshladi-yu, hamma unga ergashib qoldi” deb yozdi. Biroq mustaqillik uchun bizda kurash boshlanganda  shu zot tug’ilmagan edi. Namoz Botirdan tortib cho’lu biyobonlarda, tog’u- toshlarda jon bergan minglab Madaminbeklar nima uchun jon berdilar?  To’g’ri, hali biz o’zimiz ularni anglay olmayapmiz. Biroq bu bor, bo’ladi!

Keyingi yillarda dardimiz ichimizda edi. Ilk marta saylovlar arafasida kamina ham ochiqchasiga gapirdim. Saylovoldi dasturimning birinchi talabi etib, xalq irodasini ifodalab O’zbekiston mustaqilligi uchun kurash masalasini qo’ygan edim. Etilgan masalalar – jamiyat chirib bitgani, el-ulus qulga, manqurtga aylanib qolayotgani, dunyoning eng mazlum o’lkasi bizning yurt ekani va xullas, jamiki dardlarimizdan faqat mustaqillik tufayli xalos bo’lishimizni yozgandim.

Yuqorida aytganimizdek, Oliy Kengashning birirnchi anjumanida mustaqillki degan so’z ko’plarni cho’chitib yubordi. Ammo o’sha cho’chiganlarning yuragi ham mustaqillik, deb tepayotgani yuzlaridan ayon edi. So’ngra bu muhim masala Oliy Kengash Rayosatida ko’tarildi… . Ko’plab deputatlar O’zbekiston Oliy Kengashining II sessiyasida “Mustaqillik deklaratsiyasi” qabul qilinishi uchun qattiq turdilar. Unga erishish uchun olib borilgan jang alohida yozilajak katta mavzu… .

(Mazkur maqolamga quyidagi satr qo’shilgan׃“Ma’lumingiz, Islom Abdug’anievich Karimovning roziligi va qo’llab quvvatlashi bilan “Mustaqillik deklaratsiyasi” II sessiyada e’lon qilindi” .  Bu satr butun maqolaning ruhiga zid va hatto qo’shilgan joyi ham juda o’rinsiz edi-JM).

Tasavvur qiling, qancha asab torlari uzildi, qancha yurak-tomirlarida tugun paydo bo’ldi. Shundan keyin ham mustaqillik o’z-o’zidan keldi, deb aytishga asos qoladimi?

Nazarimda asosiy kurash hali oldinda.

Zero, etmish yillik davr tafakkurimizni zaharladi, fikrimizni zanjirband ayladi, shu bois bugun ikki daryo oralig’idan chiqib jahonni lol qoldira olmayapmiz. Shu sabab hali ham bandaga bandamiz.

Etmish yillik davr qo’limizga kishan soldi. Shu bois ma’naviyati yuksak, san’atkor, me’mor xalqning qo’llari faqat “oq oltin” yaratishga yaraydigan bo’lib qoldi. Samarqand, Xiva, Buxoro orzuga aylandi. Jahon bozorini hayratga soladigan mahsulotimiz ham yo’q hisobi. Hali kishan parchalanmagan, hali qo’llar o’z holiga qaytmagan.

Etmish yil oyog’imiz bog’lab qo’yildi. Oqibat debsinishni o’rgandik. Yurish, yugurish yodimizdan chiqdi. Joyimizda aylanib turibmiz, hayhot!

Etmish yil… erimiz o’ldi, havo zaharlandi, suv iflos bo’ldi, vujudimiz kamqonli bo’ldi, sariq kasalligi millat xastaligiga aylandi, Orol quridi, obidalar emirildi, san’at sayqal topmadi, axloq aynidi, diyonat, imon, e’tiqod unutilayozdi… . Mana bizga istiqlol kunida qolgan meros. Mana bizning yaqin kelajagimiz, mana bizning kurash, jang maydonimiz.

Ha, hali boshimiz kundada. Boshni dast ko’tarish uchun ana shu vahiy, og’ir meros – qonli qilichni sindirmoq kerak. Bu esa kuch talab qiladi. Hazrat Temur “Kuch adolatdadur!” degandilar. Demak, eng avval adolat yo’lini, hamjihatlik yo’lini tanlashimiz, zarur ekan. O’shandagina boshimiz uzra yaraqlab turgan qilichni uloqtiramiz.


JAHONGIR  MAMATOV,

O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan jurnalist.
Ushbu maqola “O’zbekiston ovozi” 1991 yil 5 noyabr sonida “Nuqtai nazar” rubrikasi ostida chiqqan maqola.

KIMGA AYTAY DARDIMNI?

* Shikoyat yo arz yozmagan kishi bormi?
* Sansalorlik kimga foyda, kimga ziyon?
* Etmish to’rt yilning etmish to’rt million vagon qog’ozi.
* Xo’sh qanday qonun kerak bu xususda?!

1. “MAVZOLEY,  LENINga…”

Qiziq. Inqilobdan avval ariza, shikoyat yozilganmidi? Kimga , kim tomonidan, nima haqda? Kim o’qiganu kim tekshirgan? Dunyo ustivor bo’libdiki, adolat va adolatsizlik, haq va nohaqlik, nur va soya, havas va hasad yonma-yon. Shartsiz – qaytsiz aytish mumkinki, arz, shikoyat yozish o’ktabir inqilobidan keyin o’z shohsupasiga ko’tarildi. Yillar kechavergan sayin butun mamlakat shikoyat tekshiruvchi ulkan korxonaga aylanib bordi.

Kimdir shikoyat yozib halqni barhaq ayladi. Yana kimdir shikoyat bitib el – ulus oldida yuzi shuvut bo’ldi. Boshqa birov arznoma tekshirib ro’zg’orini butladi, kissasini qappaytirdi. Xullas, Oysha momoning chor devoridan to Lenin yotgan maqbaragacha shikoyatxonaga aylandi.  ( Gapim jiddiy – mavzoleyga yozilgan shikoyatni taqdir taqozosi bilan o’zim tekshirganman, bu xususda quyida to’xtalaman. – J.M.)  Keyin sarhad sakrash boshlandi:”OONga yozaman!” (OON – BMT). “Yozaman…, yozaman!”… Xayriyatki, kosmosga qatnovning iloji yo’q…

Aslida biror kishini nega yozding deyishga na haqqimiz bor, na asosimiz? Chunki hali hech kim onasidan arizachi bo’lib  tug’ilgan emas. Har qanday shikoyatchini bu ishga jamiyat majburlaydi.

“Sovet O’zbekistoni” ( hozirgi “O’zbekiston ovozi” ) ro’znomasida ishlardim. Markazqo’mdan bir shikoyat berishibdi, “Muxbir yuboringlar” deb. Qarasam, xat Moskovga, Leninga yozilgan. Otaxon Moybuloq (Samarqand viloyati)ning moshin yo’li bormagan tog’ qishlog’ida yasharkanlar. Bordik.
– Kimsanlar? – dedilar.
– Arizangiz bo’yicha keluvdim.
– Qaysi bir arizam, yozaverib ko’z nurim to’kildi, hammasi melisaga, purkurorga tushadi. Ular meni po’viska bilan chaqirib, “qaytib yozmang” deb jo’natishadi. Sening gazetingga uch yil oldin yozuvdim. O’shanda ham purkuror chaqirgandi. Endi o’zing keldingmi?
– Mana, mavzoleyga, Leninga yozgan ekansiz?
– Seni Lenin yubordimi? Tirilibdi-da-a?

Otaxonning butun vujudi kinoyaga to’lib ketgan ekan.  Hammasini to’kib sola boshladi.
– Ulim, bu uzoq yilgi, avvalgi gap.  Yozaverib bu yog’imdan – naryog’im yaqin qoldi. Keyingi vaqtda prinsip uchun yozardim. Hech qanday davom yo’q. Xayriyat, bu qishloqqa ham birov kelarkan…

2. IZTIROB

Dard nima?  Tibbiy dard bor. Malhami gohida aniq, gohida mavhum. Ijtimoiy dard bor. Malhami aniq. Biroq davosi mushkul. Bugun qalb dardi, xalq dardi… degan kalimalar, har lahzada, har qadamda eshitiladi. O’zim ana shu haqda gapira boshlaganimga oz emas, ko’p emas, qariyib yigirma yil bo’ldi. Avvaliga talabalar davrasida, so’ng ro’znomalarda, undan keyin xalq o’rtasida, oynai jahonda, Oliy Kengashda va nihoyat…

Samarqand viloyat “Lenin yo’li” ro’znomasida ishlardim. 1983 yil edi. Bir maqolada “qo’shib yozish”, “ko’zbo’yamachilik” so’zlarini ishlatibman. Viloyat firqa qo’mitasiga tushuntirish  berishga to’g’ri keldi.  Nima emish, bo’hton, uydirma emish. Oradan ko’p o’tmay ro’znomalar ana shu so’zlar bilan to’lib ketdi, boshidan “tirnog’i”gacha. Meni tartibga chaqirgan odamning o’zi ham ma’ro’zasini shu kalimalar bilan boshlab, shu bilan tugatadigan bo’ldi. Yaqinda o’sha odam katta minbardan turib, tag’in bo’hton, uydirma xususida so’zladi. Ne sinoat?  Yana “  qo’shib yozish” degan so’zlarni yozsak, tanbeh olamiz shekilli?  Nahotki charxpalak bu dunyo?  Nahotki bir aylanib kelaveradi?  Nahotki shu qadar tez aylanadi bu charxpalak?!

Samarqandda keksa bir jurnalist bor.  Ahmad Narziqulov deyishadi u kishini. O’z yo’li, o’z falsafasi bor odam. Shu zotning qiziq gaplari yodimga tushadi: “Rahbarlar musiqachi, qo’shiqchi, halq esa o’yinchi, xo’sh, jurnalistlar-chi? Ular qarsakchilar!”  Darvoqe, qarsakchi uchun baribir, “Munojot”mi, “Lazgi”mi, baribir qarsakni uraveradi”. O’ylanib qolaman, nahotki shuncha yil qarsak chalib keldim?

Yuzlab odamlar huzurimga kelishadi. Hammasi dard bilan, najot istab keladi. Hungrab yig’lagan nuroniylar, nola chekkan onalar, sochlarini tutamlagan ayollar. Yarimta bo’lib qolgan yigitlar… Hammasiga yordam berishga uringanman va urinayapman. Ko’plari xursand, ayrimlari esa…

Oyida bir marotaba qabul o’tkazaman. Men uchun eng og’ir kun bu. Odamlar, dardmanlar ko’p.  Har biri bilan kamida yarim kun suhbatlashish zarur. Noilojlikdan gapini bo’lasan. U esa ranjiydi. Hali bir voqea dahshatidan o’zingga kelmasingdan, ikkinchisini eshita boshlaysan. Shundaylari borki, hamma ishingni qo’yib, shug’ullanishinga to’g’ri keladi.

“Biz bir-birimizni sevamiz. Olti yildirki bolamiz bo’lmayapti. Sharoitimiz bor. Bola olaylik desak, pul so’rashayapti. Pulimiz yo’q!” Ayol yig’lay boshlaydi. Ortida turgan erkakning ham kipriklari ho’l bo’ladi. Xo’sh, nima qilish kerak?  Viloyat sog’liqni saqlash bo’limi mudiriga uchrashaman. Bag’ri keng bu odam yordamga oshiqadi. Masalani hal qilamiz. Odamlar eshitishadi. Keyingi qabulda yana farzandga zor oila sohiblari kelishadi. Ko’zlarida mung.  Ular umid bilan kelishgan. Yana bosh qo’shmasa bo’lmaydi…

“Bolamni haqiqatgo’yligi uchun ishdan haydadi. Ko’zim ochiqligida bir ishning boshidan tutsin deyman. Yordam bermasang nochormiz”.  Otaxonning egnida yag’ir kiyim. Bolasi eski etikni ildirgan. Noilojlikdan u idoraga boraman, bunisiga boraman, oxiri ish jumhuriyat vaziri orqali bitadi.  Engil tortaman. Odamlar eshitishadi…

Uy so’ragan nogironlar son-sanoqsiz. Har biriga yordam bermaslikka haqqing yo’q. Ammo imkon topolmaysan. Faqat bittasini misol keltiraman. Ulug’ Vatan urushining nogironi  Xurram Qahramonov ko’ksida “Qizil yulduz” va yana ko’plab orden va medallar.

– Urushdan kelsam vatanimni, uy-joyimni buzib yuborishibdi,  – deydi u. Ancha yillar o’g’lim bilan Qashqadaryoda yashadim. U vafot etgach, 1973 yil yana Jomboyga qaytib keldim. Tog’amning ulinikida yashayman. Yoshim bir joyga etdi. Shovqin-suron quloqqa yoqmaydi. Qolaversa, issiq-sovuq degan gap bor. Uy solishga kuchim yo’q.  Kolxoz qurib bergan bilan kim isitadiyu, kim qaraydi? Shahardan bir kulba bersa. Shu erda halovatimni topsam…

Ishoning, ishonmang, bu muammoni yarim kun muhokama qildik. Oxiri hamma mas’uliyatni men bo’ynimga oladigan bo’ldim. Shahar ijroqo’mi ilojini topib uy beradigan bo’ldi. Xo’sh, shu paytgacha uy so’rab kelganlarga va bundan keyin keladiganlarga nima deyman? To’rtta bolasi bilan ko’chada qolgan bevaga ham uy zarur-mi?  Sakkizta bolasi bilan bir xonada yashayotgan ayolga-chi?  Bu dardlarning malhami qayda? Nega bunday ahvolga tushib qoldik? Yoki dunyo azalning kasalimi bu?

Sud mahkamasi yonidan o’tganmisiz? Xuddi chumolining uyasiga o’xshaydi. Ishi tushgan odam (avvalo har bir bandai mo’minni shu qiynoqdan asrasin)  bu idoraga etmish etti marta qatnamasa meni har nima deyavering. Birida qozini raykomga chaqirishgan, birida oqlovchining yo bolasi, yo onasi xasta, birida qoralovchi kelmaydi… . Xullas, bahonaning narxi qimmat emas.

Xo’sh, arzchi nima qilsin? Kimga borsin?  Yozgani o’ziga qaytaversa, deputat ulgurmasa,

3. NIMA QILISh KERAK?

Darvoqe, o’tgan yillar bizni faqat masala qo’yishga o’rgatdi. Talab qilardik, masala qo’yardik.  Hal qiladigan zot yo’q edi. Oqibatda taklif kiritishni unutdik.  Kamina yuqorida zikr etgan muammo bugungi kunning eng katta masalalaridan biridir desam mubolag’a qilmayman.  Taxminiy hisob – kitoblarga ( deputat sifatida iltimosim yuzasidan bu xususda kichik tadqiqot o’tkazildi) qaraganda o’tgan yili jumhuriyatda harakatda bo’lgan shikoyat, arznoma, murojaatlar kishi boshiga 1,5 tadan to’g’ri kelibdi.  (Og’zakilari hisob emas. – J.M.) Demak, 35 millionta shikoyat , arz bitilgan. Qanchadan qancha kishi band bo’lgan bu bilan. Ammo o’rganib chiqadigan bo’lsak, shu 35 millionning 30 millioni bu yilga yana ko’chgan.

Xo’sh, ro’znoma, oynomalarga qancha xat keladi. Ular oxir oqibatda tekshirib chop etishadi. Uni yana kimdir hal qilishi kerak. Qabulga kelgan bir kishi stolga o’nlab ro’znomalarni, oynomalarni yoyadi. Masala haligacha echimini topmagan. Qancha muxbir ovora, qancha tekshiruvchi… . Xuddi shunday ahvoldagi yuzlab korxonalarni misol keltirish mumkin. Noilojlikdan tekshirishadi. Odamlarga malham bo’laylik deyishadi. Keyingi vaqtda yozuvchilar uyushmasi, yangi tuzilgan harakat va rasmiy – norasmiy partiyalarga ham oqib kela boshladi bu “daryo”. Fuqarolar yangi joyni eshitsa zora o’sha erda adolat bo’lar, masala echilar, deb o’ylashadi.

Hayot davom etmoqda, umr o’tmoqda. Men bu masalani bir yoqlik qilish bo’yicha o’z takliflarimga egaman. Birinchidan, ko’p mamlakatlardagi singari sud idoralarini kengaytirib hamma masalani o’sha erda hal qilmoq zarur. Ammo biz hamma mamlakatlarga o’xshamaymiz. Ularda g’isht, shifer, cho’p… so’rab yo olomay shikoyat yozishmaydi. Ularda o’g’rilik, poraxo’rlik ham boshqa tarzda. Xullas, hech kimga o’xshamaydigan bo’lib qoldik, bu etmish to’rt yilda. Hatto tomdan chakka o’tsa ham shikoyat yozishga majburmiz.

Mening nazarimda hozircha mavjud bo’lgan “kommunistik” sharoitlardan kelib chiqib, buning chorasini ko’rish kerak. Nuqtai nazarim jihatidan taklif qilaman:
Jumhuriyatda yo parlament, yo Prezident qoshida Nazorat Qo’mitasi tuzish kerak. Unga Oliy Kengash Raisi  yoki, Prezidentning o’zi rahbarlik qilishi kerak.

Ya’ni:

1. Nazorat Qo’mitasining viloyat, nohiya va qishloqlarda bo’limlari ishlaydi va ular faqat o’z rahbariyatiga bo’ysunadi.
2. Qo’mita fuqarolar talablari bilan bog’liq Respublika hududidagi jamiki idoralar faoliyatini o’rganish, shular yuzasidan Oliy Kengashga, Prezidentga, tegishli tashkilotlarga taklif kiritish huquqiga ega bo’ladi.
3. O’zbekiston qonunlari, Prezident farmonlari, Oliy Kengash hamda Vazirlar Mahkamasi qaror, farmoyishlari, Inson huquqlari deklaratsiyasi talablariga rioya qilinmagan holda Qo’mita yuqorida zikr etilgan hujjatlardan kelib chiqib, uzil-kesil xulosalar chiqaradi.
4. Qo’mita qoshida aholining kayfiyati, talabi, taklif-ehtiyojlarini o’rganuvchi ilmiy-tadqiqot markazi ishlaydi va u Oliy Kengash, Prezident uchun har oylik yoki haftalik hisobot, tahlil tayyorlaydi. Bu hujjatni vaqti vaqti bilan ommalashtiradi.
5. Qo’mita maxsus nashr chiqaradi. Unda fuqarolarning arz, shikoyatlari taqdiri yoritib boriladi.
6. Qo’mita qoshida deputatlar kengashi tuziladi. Qo’mita bo’limlari, xodimlari faoliyati asosan deputatlar tomonidan o’rganib boriladi.
7. Respublikadagi barcha idoralar, muassalar, tashkilotlar shikoyat va arz tekshirishdan ozod qilinadilar.
8. Qo’mita jinoiy ishlar, sudga oid masalalar haqidagi arz-shikoyatlarni nazorat ostiga oladi va ijrosi ta’minlanishini kuzatadi.
9. Qo’mita Respublika vazirliklari, idora va tashkilotlarining nazorat-taftish boshqarmalarini o’zida birlashtiradi. Ularning ishini tashkil qiladi va yuritadi.
10. O’zbekiston Xalq Nazorati Qo’mitasining faoliyati, bazasi mazkur Qo’mitaga qo’shib beriladi.
11. Fuqarolarning arz-shikoyatlari hal etilishi muddatlari uzil-kesil belgilanadi va unga rioya etish ta’minlanadi… .

Albatta, buni davom ettirish, to’ldirish mumkin. Nazarimda ana shu xususdagi Qonunni tayyorlash vaqti etgan. Buni tezroq amalga oshirsak, eng avvalo shu paytgacha qayta-qayta takrorlab kelayotganimiz  tartib-intizom qaror topadi. Qancha mablag’ va asab tolalari tejalishi haqida to’xtalmasa ham bo’ladi.

Mening shaxsiy takliflarim birovga yoqishi, birovga yoqmasligi mumkin. Kimdir bu ulkan muammoni boshqacha hal etish yo’llarini bilar. Xullas, nima bo’lganda ham bugun unga nuqta qo’yish shart. Bardosh kosasi to’lib, toshib, to’kilishini kutib o’tirmaylik.

JAHONGIR MAMATOV  (MUHAMMAD),
O’zbekiston Respublikasi Prezident devonining
xalq deputatlari bilan hamkorlik sho”basining
mudiri, O’zbekiston Respublikasi xalq deputati.
“Halq so’zi” ,1991 yil 15 oktyabr

“LAMBADA”
yoki BEHAYO  O’YIN

Braziliya o’rmonlarida yashagan hindular “lambada” raqsini ellik yil ta’qiqlashdi. Lekin zamon zayli bilan bu raqs ularning milliy iftixoriga aylandi.

Darvoqe, siyosat ham san’at deyishadi. Aslida san’at ham siyosatdir. Siyosat san’at ekanligi sezilib qolganda, emirila boshlaydi. San’at ham siyosatligi bilindimi ”oyog’i sinadi”. San’atning go’zal bir bo’lagi – raqs, o’yin. Siyosatning harom bir bo’lagi – o’yin. Biri teatr, tomosha sahnasida, kichik davralarda hukm sursa, ikkinchisi  juda o’lkan sahnada – mamlakat, dunyo sahnasida “jilva” qiladi.

Lambada so’zi “ta’qiqlangan raqs” deganidir. Bu raqs benomus, hirsli bo’lgani uchun hindular uni ta’qiqlashgandi. Nimaiki ta’qiqlansa, unga qiziqish, yolg’on ehtiyoj oshadi. Kishining hirslarini qo’zg’ab, uni oniy xayollar girdobiga g’arq qiladigan bu raqsni hindular qirolichasi sevib qoladi va uning iste’dodli ijrochisiga aylanadi.  Qirolicha tovusdek tovlanib, iffat sarhadlarini buzib, xirom etar ekan, unga butun millat qo’shildi. Vaqt o’tib, bir zamonlar ta’qiqlangan raqs ommaviy o’yinga aylandi.

Hindular yashagan o’rmonlarni yo’qotish boshlanganda ular isyon qildilar. Isyon bostirildi.  Faqat qirolicha o’z raqsi, o’yini bilan katta sahnalarga etib bordi. Raqqosa o’rmonni saqlash harakatini boshladi. “Lambada” esa yashin tezligida dunyoga tarqaldi. Hindular bu o’yinni milliy iftixor, milliy san’at deya, faxrlandilar. Raqqosaning faryodini Amerika hukumati eshitdi va o’rmonni saqlashga kirishdi. Bu nafsoniyatlariga tegib, o’rmonni yo’qotishga kirishganlar unga o’t qo’ydilar.

Hindular ko’chmanchilik so’qmoqlariga sochildilar.

Ha, odamlar yashab, voqealar kechib o’taveradilar. O’yinlar esa yo’qolmaydi.

Bugun bizning yurtimiz sahnasida – ham siyosat, ham san’at sahnasida iftixorga aylangan hayosiz o’yinlar ko’payib ketdi.  U “lambada” ni  eslatadi.

“Lambada” raqsi inson yuragining tubidagi eng nozik tuyg’ularni yalang’och qilib ko’chaga chiqaradi, uning hirs-hayajonini qo’zg’ab, aqlni, idrokni begona xayollar oyog’i ostiga tashlasa, kishini ojiz jonivor holiga solishga xizmat etsa, bizning siyosatdagi “lambada”  bundan yuz karra razilroq maqsadlarga xizmat qiladi. U yolg’on, aldov sehri bilan insonlarni o’zligidan, kimligidan, oriyati, diyonati, nomusidan ajratishga mo’ljallangan. Bu “iste’dod”ning ayrim sahnalariga nazar solaylik:

O’zbekistonning yangi Konstitutsiyasi qabul qilingan sessiya arafasida mamlakatda terror boshlangan, diktatura quloch yozgandi. Muxolifat qatag’onga olingan, quvg’in, surgunlar boshlangandi. Sessiya ham ana shu ruh, ana shu kayfiyatda o’tdi. Bosh qonun deyarli muhokamasiz qabul qilindi. Shu kuni kechqurun prezident poytaxtning  “Navro’z” koshonasida millatvakillariga, saroy a’yonlariga ziyofat berdi.

Ziyofat oqshomi prezidentning ko’zlaridagi tahlika yo’qolmagandi. U shu kuni qandaydir noxush xabar olgani sezilib turardi. Sessiyaga kirishda deputatlarni lazerli maxsus uskunalar yordamida “bojxona”dan o’tkazishdi. Ayol deputatlardan birining sumkasidan temir kuldon chiqib qoldi. Yarim soat so’roq qilishdi. Biz kuldik: “Agar kuldon bilan kimningdir joniga  qasd qiladigan bo’lsa, demak yapon maktabida o’qigan”.

Ziyofat zalida mehmonlardan qo’riqchilar ko’proq edi. Sigaret chekmoq uchun joyimdan qo’zg’algandim, yigirmaga yaqin yigit men tomonga o’tdi. Yonimga Milliy Xavfsizlik xizmati qo’mitasining  raisi G’ulom Aliev keldi.

– G’ulom aka, “qo’ylar ham cho’chqa holiga” tushibdi-ku? – dedim ziyofat oldidan maxsus aravachalar ustida cho’chqaga o’xshab yotqizilgan, boshi va oyog’i kesilmasdan pishirilgan qo’ylarga sha’ma qilib.

– Bugun shod-hurramlik, shunaqa gaplarning o’rnimas, – dedi G’. Aliev. Sezdimki, suhbatimiz yozib olinmoqda. Chunki G’ulom aka bilan yon qo’shnimiz. Yakkama-yakka qolganda tuzumdan, prezidentdan noroziligini aytardi. Bu ham balki “lambada”dir?  Har holda, o’yinni samimiy o’ynardi. Prezidentning xafaqonligidan ko’pchilik foydalanmoq istardi.  Masalan, hurmatli shoirimiz Shukrullo xalqi-mardumning o’rtasida prezidentni oz deganda o’n marta cho’lpillatib o’pdilar. Prezident qo’l qovushtirib turar, Shukrullo aka esa “iliq” gaplar bilan uning ko’ngliga suv separdilar.

Birdan Olmaxon Hayitovaning jarangdor ovozlari yangradi. O’rtaga Xorazm viloyati hokimi Marks Jumaniyozov chiqdi. U va Vazirlar Mahkamasi raisining muovini Erkin Samandarov O’zbekiston mustaqilligining bir yilligi tantanasida birga raqsga tushib, prezidentdan tashakkurnoma olishgandi. Marks Jumaniyozov qarsaklar og’ushida goh qosh uchirib, goh o’tirib-turib o’ynardi.

Odamlarning ko’zi prezidentda edi. U zaharli jilmayib turardi. Bu jilmayishni tashakkurnoma deb anglashdi shekilli, birin  ketin viloyat hokimlari raqsga tusha boshladilar.   Samarqand viloyat hokimi Po’lat Abdurahmonov raqsga usta emas ekan.  Deputat Oygul Mamatovaning jozibador o’yini bu qusrni yopib yubordi. Buxoro viloyat hokimi Damir Yodgorovning “badani”da bor ekan, ancha vaqt davra aylandi. Hatto, bir qo’li bilan qoshini yuqori ko’tarib, prezidentga qarab “hunar” ham ko’rsatdi. Xullas, hokim raqqoslar musobaqasi prezidentning xijil ko’nglini yozdi.

Navbat millatning guli va aqli bo’lmish ijodkorlarga keldi. To’g’rirog’i, prezident so’zni avval Said Ahmadga, so’ng Odil Yoqubovga berdi.

Said Ahmad mikrofonni ikki qo’llab ushlagancha davraga bir nazar soldilarda yuraklarini ochdilar.

– Men ham mustaqillik uchun kurashganlardan biriman, – dedi u kishi. – Sovetlar imperiyasida mustaqillik haqida gapirish u yoqda tursin, hatto fikrlash ham qo’rqinchli edi. Lekin biz yuragimizdagi bu dardni asarlarimizga singdirdik. “Kelinlar qo’zg’oloni”ni yozarkanman, dilimda shu maqsad edi. Markaz zulmidan ozod bo’lish g’oyasi asarimning boshidan oxirigacha chekinmaydi. Bu asarda o’n besh mustamlaka jumhuriyatning dardi, tashvishlarrini berishga intildim. Bosh qahramonlarimning har biri bir jumhuriyatning obrazidir…

Davrada o’tirganlardan biri “O’zbekiston kim ekan?” deb shivirladi. “Sottixon bo’lsa kerak” degandim, yonimizdagilar kulib yuborishdi.  Said Ahmad esa hali so’zlarida davom etmoqda edilar.

– Muhtaram prezidentimiz Islom aka Karimov mustaqilligimizni e’lon qilgan pahlovon xalqimizning Alpomish o’g’li, umidlarimizning yorqin sho”lasidirlar. Mana, Yana u kishining dadil va jasoratli odimlari bilan yurtimizning yangi Bosh qonuni qabul qilindi…

Said Axmad bisotidan terib – terib hamdu sano yog’dirgani prezidentni shod qildi. Ammo Odil Yoqubov yanada jozibali, yanada obrazli nutq irod etdi:

– O’zbekiston yarador, majruh bir ot, to’g’rirog’i toychoq edi. Rus mustamlakasi paytida ezilgan bu toychoqning ko’zlari yosh,  dardi og’ir edi.  Islom Abdug’anievich uning yoshlarini avaylab, yollarini tarab, silliqlab, yarasiga malham bosib parvarishladilar. Bu toychoq tezda kuch to’plab, parvozga shaylangan ot holiga keldi.  Bugun Islom aka sohibi davlat sifatida uni egarladilar. Dul-dul yuksak parvozlarga shaylandi. U o’z chavandoziga, chavandozi esa unga yarashib turibdi…

Balki vaqt kechib adiblarimiz “O’shanda men obrazli qilib, Karimov xalqning elkasiga minib oldi” degan gapni aytishlari mumkin. Va hech kim e’tiroz qilmaydi. Chunki “lambada” har qanday kishining sog’lom fikrlarini toptab, or-nomus ko’chasidan uzoqlashtiradi.

– Bugun Islom akaning mardligini ko’rolmayotganlar bor, – deya davom etdi O. Yoqubov. – Ular adashgan, kimdandir, nimadandir norozi kishilardir. Shu sabab, Siz Islom aka, undaylarga e’tibor ham bermang.  Xalq ularga allaqachon baho berib bo’lgan. Shunday deymizu, ammo ular asabni egovlab, katta ishlar va maqsadlar yo’lida to’siq  bo’lishgani ayanchlidir…

So’ng Ortiq Otajonov prezidentga “bir kapgir” maqtov yog’dirib, qo’shiq boshladi. Davraga raislik qilayotgan Namangan viloyati hokimi, prezident iborasi bilan aytganda “oqsoqol” Burgutali Rapiqaliev ishorasi bilan o’rtaga yana hokimlar chiqdilar. Raqs tugagach, Karimov “ikki ulug’ adib” sharafiga qadah ko’tarishni buyurdi.

Stol ustidagi shishalar allaqachon bo’shab qolgani uchun ba’zi a’yonlar bo’sh qadahlarni ko’tarib, buyruqni bajardilar.

Vaqt kelib, ular ham o’zlarini oqlashlari uchun imkon bo’ladi. Ya’ni: “Biz o’shanda fikrlarga qo’shilmaganimiz uchun bo’sh qadahni ko’targandik”, deya. Ularni hozir ham ayblamoqchi emasmiz. Ular “lambada” asirlari.  Asir esa buyurilganni bajarishga mahkum. Asirlar sud qilinmaydilar.

Qo’shiq aytib turgan G’ulomjon Yoqubovga prezident  nimanidir ishora qildi. U kuy ohangini o’zgartirib, Karimovga Mustaqillik kuni yoqib qolgan nasihat – qo’shig’ini boshladi.  Shu payt uning yonida hofiz Sherali Jo’raev paydo bo’ldi.

Sherali Jo’raev haqida shu  kunlari turli mish-mishlar tarqalgandi. “Karimov uni televizordan, radiodan olib tashlabdi”. “ U hajga borganda prezidentni Xudosiz debdi”. Bu gaplarda jon bor edi. Rostdan ham Karimov bir majlisda TV “katta”siga Sherali Jo’raevni ko’rsatmaslikni buyurgandi.

Hofiz  hamkorining qo’lidan torni olib: ”Men O’zbekiston gimnini yozganman, shuni ijro etaman”, dedi. Prezident boshini quyi solib, yonidagi maslahatchisi Mavlon Umrzoqovga nimadir dedi. Uning rangi oqadi. Har holda javob qildi. Nazarimda, u  “Sherali Jo’raev ro’yxatda yo’q edi”, deb qutuldi.

Qo’shiq tugagach, ”ob-havo” buzilaganini sezgan a’yonlar qarsak chalmadilar. Hofiz engil kuy chalib, o’tirganlarni raqsga “da’vat” etdi. Hamma jim.

Balki Sherali Jo’raev “lambada” muhitini buzmoq istagandir?  Ammo u xalqimizning sevimli xonandasi edi. Men unga xayrixoh  muxlis sifatida achindim.  U bir qo’shiq aytib atrofiga ming-ming odamni to’plashi mumkin. Shu bir hovuch “raqqos”lardan obro’ olish juda zarurmi?  Uning “lambada”ga qo’shilmoq istagida o’zini xor qilganini tushuna olmadim. Uning san’atiga hurmatim borligi uchun ham shu lahzada bu “ixtiyoriy” ta’zimini tushuna olmadim.

Ko’p o’tmay bu “noxushlik”ni prezident unutdi va o’zi raqsga tushdi. Juvon deputatlar, hokimlar uni qurshab oldilar. “Lambada” avjiga chiqdi…

Ziyofatdan chiqar ekanman, yonimga Dadaxon Yoqubov keldi:

– Aslida bu erda raislik qilish ikkalamizning ishimiz edi. Lekin qovun tushirib yuribsiz-da, – dedi.

Indamadim. Ziyofatga meni majburlab olib kelgan do’stlarim O’zbekiston xalq deputatlari Nasrullo Sayid va Imom Fayzini  eshik yonida kutib turdim. Kechagina quchoqlashib ko’rishadigan a’yonlar ko’rmaslikka olib o’tib ketardilar. Sal nariroqda esa Milliy xavfsizlik xizmati xodimlari mendan ko’zlarini uzmay turardilar.

– Bosh qonun qabul qilingach, prezident kazo-kazolarni to’plab, muxolifatni butunlay yo’qotishni buyuribdi, – dedi Nasrullo.

– Unda kimga prezidentlik qiladi? Butun bir xalq unga muxolifatda-ku, – dedim.

-Xalq vakillariyu safdoshlaringiz  – yozuvchilarni  ko’rdingiz-ku, – dedi Imom Fayzi.  – Karimov shularga prezidentlik qiladi.
“Navro’z” koshonasidan qaytarkanmiz, ko’ngil xira edi, chunki “lambada” endi boshlangan, yashin tezligida viloyatlarga, tumanlarga tarqalishi aniq edi.  Bu ham mayli. Lekin o’rmonga o’t ketgandi. O’rmon ichida ming-minglab gunohsizlar azob o’tida qovrilayotgan edilar. Ko’ngilga ana shu yong’inning qora dudi xira solgandi…

Jahongir MUHAMMAD
1992 yil. Dekabr.
“ERK” gazetasining 1994 yil, 16 May, 5(104) sonidan


“Maratu”larning  fojea kunlari yakindir

“Kuvgin” romani muallifi, xurmatli Jaxongir Muxammadga.
Aziz, xamfikrimiz, Jaxongir Muxammad, assalomualeykum.
Sizning “Xarakat” jurnalida bosilgan “Kuvgin” romaningizni ukib chikdik. Bu roman Sizga bulgan xurmatimiz, muxabbatimizni yuz chandon oshirdi. Tashakkur, millatimz, xalkimiz baxti uchun Siz va Sizga uxshash mujoxid yigitlar omon bulsinlar.
Sizdan bir iltimosimiz bor:
“Kuvgin”ning “Xarakat” jurnalining 1997 yil 3-4 sonlaridagi 38-, 39-, 40-, 52- va 53- betlarida “Maratov-Maratu” obrazi keltirilgan. Ushbu shaxs uylab topilmagan inson bulsa, uning ismi, familiyasi xamda boshka shunga uxshash faktlarni faks yoki xat orkali bizga yuborsangiz. Utinib iltimos kilamiz, bu faktlar biz uchun juda muximdir.

Biz, kuyida imzo chekkanlar Uzbekiston Shaxs Xukuklarini Ximoya Kilish Kumitasining Namangan viloyat bulimida rasman ruyxatdan utgan xolda ishlamokdamiz. Raxbarimiz: Kumita raisi Zoxidov Marat Teshaevich. Bu obraz Zoxidov M.T.ga uxshashligiga shubxamiz kam. Ammo, xozirda Zoxidov M.T. bilan bir muammoga ikki xil karash bilan uzaro ziddiyatlarimiz “Mirtemir-Maratu” kelishmovchilariga yakinlashib kolgan. Shaxsiy ziddiyatlar bulsa mayli edi, ammo Zoxidov M. “xarakati” bilan Uzbekistonda inson xukuklari masalasi oksamokda. Agar Zoxidov va Maratov shaxslari bir kishi bulib, romanda keltirilgan faktlar xakikiy bulsa, bu – daxshat, biz kelajakda uz faoliyatimiz va kurash yunalishini aniklab olishimiz kerak. Biz kanday kilib bu Kumitaga (chuntak kumitaga) kirib kolganimiz sababini bilmokchi bulishingiz tabiiy. Bu kumitaga uz xarakatimiz kelajagiga ishonganimizdan va Siz va biz tanigan eng kuzga kuringan liderlar tavsiyasi va strategiya va taktikani kuzda tutgan xolda kadam kuyganmiz.
Namanganda kulma-kul bulib ukilayotgan “Kuvgin” kelajakda ochik xolda yuzlab-minglab nusxada kitob kilinib, Uzbekistonda ukuvchilarga tarkatilgach, “Shaytanat”dan uzib ketishini va uning muallifi Sizga Ollox Taolodan mustaxkam soglik tilab:
Uzbekiston Shaxs Xukuklarini Ximoya Kilish Kumitasi
Namangan Viloyat bulimi raisi
Maxamadali Koraboy
Uzbekiston Inson Xukuklari Jamiyati
Namangan viloyati bulimi raisi
Axmatxon Abdulla
30 aprel, 1998 yil

Uzbekiston shaxs xukuklarini ximoya kilish kumitasi Namangan viloyati bulimi raisi Maxamadali Koraboy va Uzbekiston inson xukuklari jamiyati Namangan bulimi raisi Axmadxon Abdulla singari muxtaram birodarlarimiz “Kuvgin” romani xakkida samimiy minnatdorchilik bildirar ekanlar, ayni paytda bir kator vokealarning zoxir bulib-bulmaganini surashgan, ba’zi obrazlarning kimningdir prototipi ekanligini tilga olishgan. Ana shunday savollar xar kuni okib kelayotgani bois bu xususda batafsil fikr yuritishga karor kildik.
Avvalo shuni aytish kerakki, uzbek romanchiligi xamon kasi bir dorulfununning botanika bogidagi tadkikotchilarning izlanishlariga uxshab kolmokda. Romannavislarimiz daraxtning bir bargi chap tomonga kimirlashini uch saxifa, ung tomonga egilishini yana uch saxifa va urniga kaytishini kamida ikki saxifa tasvirlashga urganishgan. Bunday xolni shurolar davrida tushunish mumkin edi. Romannavislar ana shu bargning kimirlashi orkali yo biror bir fikr aytishga urinishlari yoxud saxifalarni tuldirib, roman xajmini kengaytirishgan bulishardi. Chunki tabiat xakkida xar kancha yozish mumkin edi. Xatto buning uchun tabiatni muxofaza kilish kumitalaridan mukofot olishardi.
Turk romanchiligida Umar Sayfiddin utgan asrdayok arab jimjimadorligi asosiga kurilgan romanchilik uslubini buzib, uz asarlarini xalk tiliga yakinlashtirgan va yangi turk romanchiliginining tamalini kuygandi. Biz esa bugun uzimizni mustakil, deya jar solishga odatlangan kunda xamon yolgon romanlar girdobida kolayotibmiz. Roman xalk tiliga, va xalkka yakin bulishi uchun uning xayotini tasvirlashi va unga kuzgu rolini uynashi kerak. Kun buyi karo mexnatdan ezilib kaytgan inson shalolaning tinik suvida yuzlarini chaygandan sung oynaga bokarkan, uzining bugungi mubtalo kuni va ertangi orzulari xakkida xayolga chumgandek, romanni ukigandan keyin sung xam darin tuygulari jumbushiga kelishi kerak.
Ana shunday fikr ancha vaktdan beri kalbimni tirnagani uchun “Kuvgin” romanini jimjimador uslub va ijobiy xamda salbiy kaxramonlar kurashi doirasi atrofida emas, balki xayotda xakikatan yuz berayotgan va kupchiligimiz kurmay kolayotgan, balki kupchiligimizdan yashirilayotgan vokealar, xodisalar sukmogi olib boradigan urmonni tasvirlashga urindim.
Keyingi yillarda xalkimiz xayotida judda katta vokealar yuz berishi mumkin edi. Jumladan u bundan bir necha yil mukaddam oldin xur bulish nuktasiga kelgan edi. Bu kur-kurona kelish emas edi. Ming-ming insonlar maydonlarda, kuchalarda uz xurriyatlari uchun xaykirdilar. Millionlab insonlar esa uz orzu umidlari bilan ularning xarakatlariga kushildilar. Ammo kiska vaktda, xa, misli kurilmagan juda kiska vaktda millionlarning xarakati, umid orzulari, kelajaklari uldirildi. Nega? Bu ishni chetdan kelganlar emas uzimizning oramizdan chikkanlar amalga oshirdilar. Nega?
Xalkimiz ming-ming fidoyi uglonlarni etishtirar ekan, nima sababdan xoinlarning xam boshini tebratdi?! Uz xuzur xalovatini uylamagan va millatining dardi bilan yashaganlarning boshi kundaga kuyilar ekan, nima sababdan koni okizilayotgan begunox insonni emas, balki kilich kutargan jallodni kulladi?! Bu adashishmidi?! Bu sukirlikmi?! Bu yolgonlar girdobida gark bulishmi?! Bu uz kelajagini uldirishmi?
Xullas, bu kanday bir xol edi-ki, million-million insonlar birdaniga orkaga chekinib, xoinlarning yuliga poyondoz soldilar. Bu kanday bir xol edi-ki, millatning guli xisoblangan ziyolilar-oydinlar uz millatining dushmaniga aylandilar?
Ibtidoiy jamoa davrida kabi xalkimizga rost deb yolgon edirildi. Ibtodoiy jamoa davrida odamlar yolgon va rostning farkiga boraboshlagan edilar, lekin biz “rivojlangan mustakillik” davrida yolgon va rostni ajratolmadik. Nega? Romanda ana shu savollarga javob izladim.
Romanning uchinchi kitobi chet elga chekingan muxolifatning va muxolifat bayrogi ostida muxolifatchi bulib kuringan, xar kadamda Vatani (agar xakikatdan xam Vatanini bor xisoblasa), muxolifat nomi xisobiga (“sotkin” kalimasining siykasi chikdi) kun kechirgan “kuzga kuringan” kishilarning faoliyati xakkida suz boradi.
Tugri, xar bir insonning xar bir odimini kogozga tushirish mushkul. Shu boisdan ularning egizak tuygular, egizak karashlardagi sheriklarini topib, birlashtirgan xolda ukuvchiga takdim etish ancha oson. “Kuvgin” romanida bu koida xam biroz chetga surilgan. Chunki bu roman aslida kundaliklardan iborat edi. Fakat u chop etilar ekan, ismlar, xarakterlar biroz uzgartirildi, xolos. Bugun kaxramonlar – xoin deb e’lon kilingan, xoinlarga kaxramon unvoni berilgan utish kunidir. Shunday musibali kunga kelishimizga Islom Karimov va uning atrofida girdikapalak bulganlar kanchalik aybdor bulsalar, uzimizdan chikkan ”Maratu”lar xam shu kadar javobgarlardir. Kimningdir kurkokligi kimningdir asl xoinligi va yana kimningdir “ilonligi”, yana kimningdir shoxona xayotga tashnaligi boshimizni shu kunga olib keldi. Biz bugun va yoxud ertaga ularning kimligini tanib olishimiz kerak. Mening maksadim uzim taniganlarni sizga tanishtirishdir. Mamnun bulgan joyim shundaki, kupchiligini siz xam tanir ekansiz. Romanning sung saxfalarida “kaxramonlarim”ning asl ism-shariflarini xam ukiysiz, degan niyatim bor.
Marat Zoxidov masalamiga kelsak, bu shaxs mustakillik uchun kurash davrida xam, xozir xam nomenklaturaning atrofida surkalib, uning xizmatini kilib yurgan kiyofalardan biridir. Bir kugirchokni majaklab ezib tashlashga xech kim jur’at etmaydi. Balki kupchilik uni sevadi. Bolalar xam, kattalar xam uni uz mayillariga karab uynatadilar. Marat Zoxidovning ana shunday kugirchoklardan bitta farki bor, u xam bulsa uning jonliligidir.
Ozarbayjon prezidenti Abulfayz Elchi-beyga “KGBning ruyxatini oshkor eting”, deyishganda “Juda kup dustlarimizning ismi-sharifi chikib kolsa-chi?” degan andisha bilan bu ishga kul urmagandi. Okibatda ogir kunlar yashadi.
Bizning xam elchibeylarimiz iktidorga kelganda bitta-yu bitta talabimiz buladi, u xam bulsa josuslar ruyxatini e’lon kilishdir. Biz ularni uldirishni talab kilmaymiz, biz ularning sud kilinishini xam istamaymiz, fakat ularning kimligini urtaga kuymok istaymiz, xolos. Ana ushanda Maratular oramizda kup bulganidan yuragimizni gijimlab kolmasak bulgani. Ammo shu narsa anikki, usha kun “Maratular”ning fojea kunidir. Allox Taolo xar birimizni usha kunga etishga va usha kunni kurishga muyassar etsin!

AKSh, Portland
May, 1998 yil

Agar «inkilob kilaman» deb ming odam chiksa, Karimov ming odamni ottiradi!

Bugun men anik bilaman, agar «inkilob kilaman» deb ming odam chiksa, Karimov ming odamni ottiradi, 2000 odam chiksa, 2000 odamni ottiradi. Parlament minbaridan turib, biz tinchlik uchun kerak bo’lsa 200 kishini otamiz, degan edi Karimov. Tinchlik deganida, u o’zining shu kursisini, o’zining vazifasini nazarda tutgan edi.
Endi albatta konun zarurlikka zarur. Chunki bugun mana demokratik davlat kurayapmiz, deb jar solishayapti. Shunday ekan, xech bo’lmasa o’sha jar solishayotganiga yarasha bu yogini xam moslash kerak. Lekin konun bo’lgani bilan bir narsa o’zgaradimi O’zbekistonda?
Mana bugun matbuot xakida konun bor. Agar u konunlarni olib karasangiz, matbuotga xamma erkinliklar berilgan. Lekin amalda xech kanday erkinlik yo’k. Chunki bu o’sha sistemadan kelib chikadi. Chunki O’zbekistonda diktatura va diktatura sharoitida xamma narsa o’sha 1 kishiga bo’ysundiriladi.
Men 100 foiz aminmanki, mana shu AKSh elchixonasi karshisida o’tkazilgan shu piketni bostirish Islom Karimovning iznisiz bo’lmagan. Masalan, Almatov yoki boshka odam bunga xech kanday jur’at eta olmaydi. Fakat o’sha prezidentdan buyruk olib bu ishni kilishgan.
Chunki bugun agar biz boshka mamlakatlarga karaydigan bo’lsak, militsiya konun ximoyachisi, xalkning ximoyachisidir. Kolaversa, militsiya bu mamlakatlarda xukumatga bo’ysunmaydi. Balki o’sha maxalliy xalk tomonidan saylangan kengashlarga bo’ysunadi. O’sha erda turib ular umumiy konunlarni ximoya kiladi. O’zbekistonda agar shunday bo’ladigan bo’lsa, tabiiyki, xokimiyat Karimovning ko’lidan chikib ketgan bo’ladi.
Bugun agar ular konun kabul kiladigan bo’lsalar, kaysi bir ma’noda bu konunlarni dunyo standartlariga moslashlari kerak. Agar moslaydigan bo’lsalar, ular bu militsiyaning kandaydir vakolatlarini yoki militsiyani kandaydir boshkarishni maxalliy xokimiyatga xam berishlariga to’gri keladi. Bundan esa, tabiiyki, diktator ko’rkadi va xokimiyat ko’limdan chikib ketadi, deb o’ylaydi. Shuning uchun xam, mana shuncha yildan buyon militsiya xakidagi konun kabul kilinmayapti…
…Avvalo shuni aytish kerakki, bugungi tortishuvimizdan 2 ta noto’gri xulosa chikayapti.
Birinchi, men oldiniga so’zimni boshladim konun kerak deb va tugatdim konun kerak deb. Bu erda o’sha muxokama kiluvchilarning dikkatini bitta narsaga tortmokchi edim, xamma narsaning ildizi kaerda? Ildizi diktaturada va diktatorda. Mana shunga e’tibor karatmokchi edim.
Buning uchun men matbuot xakidagi konunlarni bir o’rnak sifatida keltirdim.
Ikkinchisi, bilasizmi, Stalinning orkasidan xam, Beriyaning orkasidan xam minglab odamlar yiglagan. Ular juda yaxshi edi deb ularga siginishgan va ularning oyogini o’pganlar bo’lgan.
Lekin naxotki shunchalik xotiramiz yaxshi emaski, biz Parkent vokealarini unutdik? Parkentda 63 kishi otilgan edi va buning boshida Zokir Almatov turgan edi. O’shanda u Toshkent viloyatida ishlar edi va Parkentdagi vokealarda bosh edi.
Shundan keyin uni Islom Karimov yaxshi ko’rib, uni Toshkentga olib kelgandi. Naxotki biz talabalar shaxarchasida yuz bergan vokealarni unutdik? U erda talabalarni bugun xuddi siz radioda ko’yib berganingiz kabi chinkirtirib urishgan va xuddi shunday kaltaklashgandi.
Va undan keyin Namanganda bo’ldi shunday vokealar. Fargonada bo’ldi…
Shunday vokealar bugungacha davom etib kelmokda. Bu o’sha diktaturaning xususiyatini, diktaturaning nimaligini ko’rsatadigan narsa.
Ya’ni biz bu erda aytayapmizki, go’yoki shu paytgacha Karimov yaxshi edi-yu mana shu vokea yuz berib koldi, mana endi Karimov bundan xulosa chikarib olishi kerak. Yo’k, Karimov bundan oldin xam bundan besh battarini kilib kelgan edi va bu narsa xech narsa emas ularning oldida. Karimov uchun xech narsa emas. Biz uchun tabiiyki, bu juda katta fojea.
Karimov Parkentda to’gridan-to’gri buyruk bergan: “Otinglar!” deb. 63 kishi otilgan. Kancha yosh-yosh yigitlarning umri xazon bo’lib ketdi. Shu nuktai nazardan aytayapman, Karimov uchun bu xech narsa emas.
Bugun men anik bilaman, agar inkilob kilaman deb ming odam chiksa, Karimov ming odamni ottiradi, 2000 odam chiksa, 2000 odamni ottiradi. Parlament minbaridan turib, biz tinchlik uchun kerak bo’lsa 200 kishini otamiz, degan edi Karimov. Tinchlik deganida, u o’zining shu kursisini, o’zining vazifasini nazarda tutgan edi.
Shuning uchun xam biz bilishimiz kerakki, bu bo’layotgan narsalar – xammasi diktaturaning xususiyati. Diktatura yo’kolmas ekan, xech narsa bo’lmaydi. Fakat demokratiya sharoitida konunlar yaxshi ishlashi mumkin. Lekin tabiiyki, endi bugun biz talab kiladigan darajada emas. Ammo talab kilib borishimiz kerak. Militsiya xakida xam konun bo’lsa, kaysi bir ma’noda xalkaro mikyoslarda buni tortishish mumkin.
Lekin men nima uchun bu konunning bo’lmayotganini so’zimning boshida aytdim. Bu konun bo’ladigan bo’lsa, Karimov xokimiyat ko’limdan ketib koladi, deb ko’rkadi. Shuning uchun xam bu konunni amalga oshirish uchun yoki parlamentga olib kirish uchun izn bermayapti.
Oradan 5 kun utib Andijon katliomi yuz berdi.
2005 yil, 8-9 may kunlari “Ozodlik” radiosi orkali berilgan “Kurultoy” (mavzu- O’zbekistonda militsiya to’grisidagi konun zarurmi?) eshittirishidan so’zma- so’z .

Bundan 15 yil oldin ham…

Muallifdan: Menga “Siz hukumatga intilayapsiz” deya o’tgan yil (2005) kelgan bir-ikki xatga javoban “Men prezident bo’lishni emas, prezidentlar etishtirishni istayman” deb javob qilgan edim, ya’ni liderlikni da’vo qilmaganimni bot-bot ta’kidlagandim. Chunki liderlarning o’rni Vatanda bo’lishi kerak degan qat’iy ishonchga egaman.

Bundan 15 yil oldin ham, bundan 9 yil oldin ham va bugun ham shu fikrdaman. Xuddi shuning uchun ham umummuxolifat o’ziga liderni mamlakatning ichidan tanlashi kerak degan g’oyani ilgari surib kelmoqdaman. Faqat shu yo’l butun muxolifatni va liderlik da’vosidagi yakka shaxslarni bitta platformada birlashtirishi mumkin. Aks taqdirda muxolifat bugunga qadar bo’lganidek, kuchga aylanmay qolaveradi.

Davr o’zgarib hamma Vatanga qaytsa, ana unda kim xohlasa mustaqil ravishda maydonga chiqishi va xalqning  “bozori”ga o’z “moli”ni qo’yishi mumkin. Bugun esa avvalo “xarid” quvvati o’ldirilgan xalqning o’zini qutqazish kerak. 9 yil oldin yozilgan quyidagi maqolamdagi fikrlarim bugun ham kuchida. Shu ketishda yana 9 yildan keyin bu maqolani qayta chop etish ehtimoli kuchayayotgani dilimga og’riq beradi.

LIDERLARNING O’RNI VATANDADIR

Sovet Ittifoqi vayronaga aylanganda xarobalar ostidan bir qator milliy harakatlar, demokratik tashkilotlar bosh ko’tardi. Ba’zilari hukumatga qadar etib olib, so’ng muxolifatga aylandilar, ayrimlari hukumatdan ayrilib, muxolifat yo’lini tanladilar, yana bir guruhlari muxolifat o’laroq asta sekin unutila boshladilar. Kelajakka qarab sog’lom odimlar otish uchun bu harakat va tashkilotlar faoliyatini tashkil etish, xulosalar chiqarish muhimdir.

Bu juda keng qamrovli mavzu.  Biz uning bir bo’lagi, ya’ni harakat liderlari masalasini quyidagi suhbatimizga bosh mezon o’laroq tanladik va bu boradagi qanoatimizni hukmingizga havola qilmoqchimiz.

Har qanday harakat va tashkilotning taqdiri uning lideriga bog’liqdir.

Haqiqiy liderlar sahnadan ketsalar harakatlar, partiyalar ham sahnadan tushib, bilaks yo’qolib ketganini tarix ko’p ko’rgan.

Liderlikni da’vo qilganlar esa xalqning chashmasidan qaynab chiqqan harakat yoki partiyalarning  ortidan yugurib o’zlarini ham, atrofdagilarni ham mahf etadilar. Chunki liderlik da’vo qilinmaydi, liderlik mulk kabi sotib ham olinmaydi. Liderlik xalq tomonidan yoki xalqning ma’lum bir qismini tamsil etgan kishilar tomonidan yo’lboshchilikka loyiq bo’lgan INSONlarga beriladi. To’g’rirog’i, ishonib topshiriladi. Bu nuqtai nazardan liderlik omonatdir. Xalqning omonati.

Liderlar haqida so’z yuritar ekanmiz zamonamizda modaga aylangan masalani, ya’ni bevosita Vatandan chetda turib harakatga, partiyaga, tashkilotga rahbarlik qilish masalasini o’ylab ko’rmoqchimiz.

Ma’lumki, har qanday tashkilotning o’rni uni etishtirgan xalqning ichidadir. Agar u muxolifatda bo’lsa, xalqning mag’ziga aylanadi. Tashqarida turib muxolifatda bo’lish, shu nuqtai nazardan kurash emas, iddaodir.

Muxolifat lideri Vatanning chegarasidan chetga chiqib ketgani – u hoh majburan chiqarib yuborilgan bo’lsin yoki jonini qutqarish uchun shu yo’lga bosh urishni o’ziga ep ko’rgan bo’lsin farq etmaydi – uning kurashi iddaoga aylanganini isbotlovchi dalildir, ya’ni u millatini emas, o’zini tushunish sarhadi tomon odimladi.  Liderlar esa o’zini tushunishni inkor qiladilar. Qolaversa, Vatanni tark etishga majbur bo’lganlarning ayni ma’noga ega ikki statusi bor: birinchisi mujohidlikyu ikkinchisi, qochoqlik (qochoqlik kalimasi multojilik yoki boshqa bir davlatdan panoh topish ma’nosida).  Ikkinchi ta’bir ko’proq ichkaridagilar tomonidan salbiy ma’noda ham qo’llaniladi. Har ikki holda ham bu tushunchalar zamiriga liderlik sig’maydi. Uni majburan kiritish mumkin. Ammo vaqt o’tishi bilan buning sun’iyligi o’rtaga chiqadi.

Uzoqqa bormaylik, Ozarbayjonda Abulfayz Elchibey, O’zbekistonda Shukrullo Mirsaid, Qrimda Mustafo Jamilo’g’li… va boshqa o’nlab liderlar hozir ma’naviy hamda moddiy iskanjalarga qaramay tashqariga ketmadilar. Ular ichkarida iskanja, tashqarida esa komfort bor deb tushunardilar. Lekin iskanjani tanladilar. Chunki muxolifat lideriga hukumat iskanja ko’rsatishi xalqni fikrlashga undashini, uyqudagi vijdonlarni uyg’otishini ular yaxshi bilardilar.

Muxolifat liderining qamoqda o’tirishi xalqning ozodlik ruhini jasorat bilan boyitadi.

Muxolifat liderining o’ldirilishi xalqning qo’lida bayroq, hukumatning yuzida qora ko’lanka bo’ladi.

Darvoqe, hayoti o’ziga emas, millatiga bag’ishlanganini da’vo qilgan va isbotlagan kishilar liderlardir. Qolganlar esa lider havosiga oshiq havasmandlar.

Muxolifat liderlari o’lkalarini tark etib, tashqarida turib mujodala berishni maqsad qilsalar, xalq kurash va jasorat ruhidan mahrum bo’ladi. Chunki uzoqdagining bug’doyidan yaqindagining somoniga ko’z tikishga majbur qilinadi. Bu vaziyat lidersizlikka olib keladi. Lidersizlik esa yangi liderlarni etishtiradi.

O’lkasidan tashqaridagi liderlar ojizlanadilar, hukumatga “tish”lari o’tmaydi. Bundan asabiylashib, bir-birini ayblash, bo’linish, parchalanish kabi g’avg’olar girdobiga g’arq bo’ladilar. Yolg’izlik va tark etilish buluti boshlaridan ketmay qoladi. Va umrlari turli iddaolar, xotiralar, nari borsa o’zlari haqida kitob yozish bilan o’tadi. O’lka uchun oxirgi darajali kuchga aylanadilar. Agar ular liderlikni da’vo qilmasdan bunday faoliyatga chekinsalar va bilim, ijod yo’li bilan kurashlarini davom ettirsalar, bu oddiy insoniy hol. Ammo ham Vatandan ketib, ham liderlikni da’vo qilishni tushunish qiyin.  Bu fikr liderlarni quvg’in etib , rohat qilib o’tirgan diktatorlarga yoqishi aniq. Chunki ularga muxolifat haqidagi, ayniqsa muxolifatdagi liderlar haqidagi har qanday tanqidiy gap ularni mumiyodek eritib yuboradi (Ko’zingiz oydin, diktator va diktatorchalar!).

Ammo bu bizga fikrlarimizni ochiq yozishga mone’ bo’lolmaydi. Liderlar va muxolifat masalasi nafaqat bugun, balki doim muhimdir. Bugungi holning ko’rinishlari Sovet Ittifoqi davrida ham mavjud edi. O’shanda turli sabablarga ko’ra o’lkalarini tark etgan muxolif liderlar va boshqacha fikrlovchi kishilar dunyoning turli burchaklarida yashashga majbur bo’lganlar. Ko’pchiliklari yo yozuvchiga yoki tarixchiga aylandilar. Liderlik havosini tark etib, shu yo’l bilan millatlari va Vatanlariga xizmat qildilar.

“Liderlarni asrash kerak, bunday insonlar xalq uchun kerakli” degan gaplarni ham eshitganmiz. Liderni asrash kerak! Xalqni-chi?! Xalqni kim asraydi?  Aslida liderlar xalqni asramoq uchun ko’krak kerib maydonga chiqmaganmidilar? Ular o’zlarini asrashga chekinsalar, bu tabiiyki, ularning insoniy haqlaridir , lekin xalq lideridan mahrum bo’ladi. Bu masalaning falsafiy jihati. Xayotiy jihati shundaki, biror bir liderni qamab qo’yishsa, dunyo oyoqqa qalqadi. Halqaro tashkilotlar uning muhofazasiga otlanishadi. Uni asraydilar. Buning ming-ming misoli bor. Ammo oddiy bir kurashchi ozodlik, hurriyat yo’lida qamalib ketishi, o’ldirilishi va hech kim bundan xabardor bo’lmasligi mumkin. Bugun ham qamoqlarda shunday insonlar bor. Ular tanilmagani sabab xalqaro tashkilotlarga xabar qilinmagan. Shu bois oddiy odamlarning qo’rqishga haqqi bor, liderlarning esa qo’rqishga haqlari yo’q!

Har kim ham lider bo’la olmaydi. Har kim ham liderlikni da’vo qila olmaydi.

Masalan, Ozarbayjon milliy ozodlik harakatining lideri Abdulfayz Elchibey bir necha marta qamoqda o’tirdi, bir necha marta kaltaklandi. Hatto og’zini yirtishdi. Lekin u chekinmadi. Chet mamlakatlar uning qo’liga “yashil kart” tutqazganda ham qabul etmadi. Ozarbayjonda prezidentlik davrida qon to’kilishi oldini olish maqsadida Bokuni tark etish majburiyatida qoldi. Tayyoragohdan osmonga kutarilgan uchoq Turkiyaga qarab yo’l olganini bilib, qattiq g’azablandi. Va uchoq osmonda yo’l o’zgartirib Naxichevanga uchdi, ya’ni u Vatan chegaralaridan chetga chiqishni istamadi. “Prezidentlikni tashlashim mumkin, lekin Ozarbayjonni tashlab keta olmasdim”, degandi u…

Boshqa misol. Shukrullo Mirsaidov O’zbekistonda vise-prezident edi. Diktaturani emas, demokratiyani istab iste’fo berdi. Ma’naviy quvg’inga duchor bo’ldi. Gazeta sahifalarida o’zi, umr yo’ldoshi haqida uydirma fel’etonlar bostirildi. So’ng tergov, sud, jazo. Bu ham etmagandek, suiqasd o’ziga, o’g’liga, qarindoshlariga. Ammo muxolifatdan chekinmadi. Boshqa muxolifat harakat va partiyalar ta’qiqlanar ekan, u partiya tuzdi. Yana ta’qib, yana tongotar tergovlar, o’g’irlab ketib kaltaklash, to’hmatu bo’htonlar… . Lekin u chetga ketmadi…

Shu o’rinda “Birlik” liderlaridan bo’lgan Abdurahim Po’latga haq bermoq lozim. U o’zini enga oldi, bir odim orqaga chekinib, Shukrullo Mirsaidni lider deb tanidi. Shukrullo Mirsaid  O’zbekiston Demokratik muxolifat kuchlarini muvofiqlashtiruvchi kengash raisligini qabul qilar ekan, avvaliga uni tan olgan Muhammad Solih o’n ikki soatdan keyin fikridan qaytdi.  Bugun u hamma joyda o’zini O’zbekistonning yakkayu yagona lideri deb tanishtirishga intilmoqda. Ammo dunyo jamoatchiligi, qolaversa o’zbek xalqi Shukrullo Mirsaidni muxolifat lideri o’laroq ko’rmoqda. Va to’g’risi ham shudir.  Shukrullo Mirsaid liderlik sinovidan o’tgani bois unga ishonildi. U har qancha quvg’inlarga qaramay, barcha muxolifat kuchlarining tabiiy lideri sifatida da’vomizga sodiq turibdi.  Balki M.Solih bu haqiqatni tan olib, chetdagi faoliyatini o’z statusi darajasida davom ettirganda, bugun boshqa faoliyat ko’rsatmasdan faqat o’z kitoblarini chop ettirish bilan ovora ekanligini oqlash va hatto uni qutlash ham mumkin edi. Chunki o’zini lider hisoblab, Vatanga, millatga keltirgan zararidan bir shoir sifatida ko’rsatgan xizmatining qadri baland bo’lardi. Hali ham kech emas, balki bu haqiqatni idrok etar va o’zini xizmatga safarbar qilar?!

Qrim tatar xalqining lideri Mustafo Jamilo’g’li esa Sovet Ittifoqi paytida besh marta qamaldi. Kaltaklandi. Sibirga surgun qilindi. Bir kuni mashhur Andrey Saxarov unga: “ Istasang, Amerikaga yuboraylik”, – dedi. U esa: “Men ketsam, kim kurashadi?”- deb javob berdi. Saxarov unga: “Zotan sendan shu javobni kutgandim”, – dedi. U o’n etti yillik quvg’in, surgunlardan keyin Qrimda ekan, dushmanlar telefon qildilar unga:” Chiqib ket! Aks holda o’ldiramiz!”. U esa : “Vatanda o’lmoq sharafdir!” deya javob berdi.

Ha, u lider edi. Lider uchun o’lim tahlika emas.

Liderlar o’lsalarda kurashdan to’xtamasliklarini tushungan insonlardir.

Lideri bor xalqning ufqi yorug’dir. Bu ma’noda o’zbek xalqining ham ertangi kuni oydin. Chunki u bilan yonma yon, jafo va sitamlarni birgalikda tortayotgan lideri bor. U bugun muxolifatda. Ertaga esa o’nlab liderlar etishib chiqishi uchun yo’l ochajagiga umid qilamiz. Balki o’shanda liderlar haqida yozish uchun qo’limizga qaytadan qalam olarmiz.

“MUSTAQIL  HAFTALIK”,  ijtimoiy – siyosiy gazeta, 1997 yil mart oyidagi sonidan:

Bu ahvolda, Xudo ko’rsatmasin, yana sovetlar birligiga o’xshagan falokat o’rtaga chiqsa, xalqimiz orasida unga qarshi bosh ko’targanlardan, uni qo’llovchilar ko’proq chiqadi.(1994 yil aprel).

MUSTAQIL DAVLAT  VA  HUR MILLAT

Inson ongi, tafakkuri, e’tiqodi shakllanishida mafkura sug’oruvchi irmoqlar bo’lib xizmat etadi.

Inson hatti-harakatidan kamolotiga qadar katta bir borliq mag’zi mafkuraga bog’liq. Shu sababdan ming yillar davomida ana shu borliqqa hukmronlik qilish uchun kurashib kelindi.

Uzoqni qo’yib turaylik, hali sahifasi sarg’aymagan yaqin tariximizda bu borada qancha sinovlar o’tkazildi. Odamlarni kommunistik mafkura doirasiga solish tufayli manqurtlashtirish va oson boshqarish uchun misli ko’rilmagan ishlar qilindi. Bu yovuz mafkura tug’ruqxonada yangi tug’ilgan chaqaloqqa uch kun qorishiq sut berishdan tortib, dunyodan ko’z yumgan kishini miting bilan ko’mishgacha  borib etdi. Tan olamizmi, yo’qmi, haqiqat shuki, bu mafkuraning  domiga tushmagan yoki uning “xastaligi” yuqmagan odam oz.

O’zbekiston hukumati buni yaxshi biladi. Shu bois ham yangi bir mafkura yaratishdan eskisini “milliy mafkura” deb nomlab ushlab turishni afzal ko’rdi.

Darvoqe, yangi mafkura zarurmi? Agar zarur bo’lsa, nima uchun?

Bizning nazarimizcha, milliy mafkura mutloq zarur. Ayrimlar e’tiroz bildirishlari mumkin. Juda katta va boy tariximiz qatida ongimiz, e’tiqodimiz, tafakkurimizni shakllantirish uchun nafaqat irmoq holida, balki ummon holida mafkura mavjuddir, deya. Va ular xaqdirlar.

Ammo bugun bizga yuz ellik yil davomida bosqinchilar tarafidan singdirilgan mafkuradan qutulish, xalos bo’lish uchun mutloq yangi mafkura lozim. Davolanmasdan turib, xasta ahvolda sport bilan shug’ullanish mumkin emasligidek, ongimizdan zahri-qotilni uloqtirmasdan tariximizni mukammal holida qaytara olmaymiz.

Bugun birov “Sen turkiyzabonsan” desa, ertaga boshqa biri “Sen yangi bir millatsan” desa, ishonib ketaverishimiz ana shundan.

Xo’sh, yangi mafkura qanday bo’lishi kerak? To’g’ri, bu bir kishining qarashi bilan yaratilmaydi. Biz bundan ikki yil avval hukumatga erkin fikrlovchi ziyolilar ishtirokida zirva o’tkazib, bu xususda bir to’xtamga kelish kerak, degan taklif bilan chiqqan edik.  O’zimizning fikr- mulohazalarimizni ham taqdim etgandik. Biroq…  .

Vaqt kechib borayapti. Hukumat ham, biz ham bebaho damlarni boy berayapmiz. Bu ahvolda, Xudo ko’rsatmasin, yana sovetlar birligiga o’xshagan falokat o’rtaga chiqsa, xalqimiz orasida unga qarshi bosh ko’targanlardan, uni qo’llovchilar ko’proq chiqadi. Chunki ongimizni hali o’sha zaharli irmoq sug’orib turibdi. Bugun O’zbekistonda mafkura yaratmoqchi bo’layotgan olimlarning aksariyati ham hali eskisining domidadir. Va ular yangi bir mafkura yarata olmasliklarini bugungi siyosat isbotlamoqda. Biz qarab turmasdan o’z mafkuramizni yaratishni boshlamog’imiz lozim.

Mafkuramiz “Hur, demokratik davlat va o’zligini anglagan millat uchun” deb nomlanishini istardim.

Uning amalga oshirish dasturini “Etti em” deb nomlagan bo’lardim. Bu emlash, davolash ma’nosidan tashqari,  etti qismli “M” harfi bilan boshlanuvchi va har biri yana etti qismga bo’linuvchi dasturni anglatadi.

Birinchisi: – MUHABBAT.
Tangriga muhabbat  –  banda bandaga emas, ulug’ va yagona Tangriga bo’yso’nishi;
Vatanga muhabbat –  inson yurtni, zaminni o’z vujudining manbai deb anglashi;
Millatga muhabbat  –  xalqning o’tmishi, buguni, kelajagi, qadri, obro’si uning o’ziga tegishli ekanligini anglatish;
Ota-onaga muhabbat   –   o’z shajarasini bilish, padari-buzrukvori va volidasining hayotda ekanliklarida va undan keyin ham dil to’rida saqlashni unutmaslik;
Ustozga muhabbat  –  ta’lim-tarbiya bergan, to’g’ri yo’l ko’rsatgan, ilmga boshlagan kishilarning qadriga etish;
Tabiatga muhabbat  –  atrof – muhit musaffoligi, go’zalligi, tozaligi birovlar uchun emas, uning uchun ham yaratilganini his qilish;
Yorga muhabbat  –  vafodorlik, sodiqlik, barkamollik, xiyonatdan yiroq bo’lish ruhini singdirish.

Ikkinchisi:  –  MAKTAB.
Ota-ona maktabi  –  bolaga tashqi dunyo va insoniyat bilan munosabaat, ilmga tashnalik, jamiyatdagi o’rni borasida ota-onaning mas’uliyati va ular uchun bu borada qo’llanmalar yaratish;
Bolani bog’chalardagina emas uyda ham tarbiyalash bo’yicha hukumat ijtimoiy dasturini hozirlash;
Ilm maktabi –  muallimlarning mas’uliyatlarini oshirish barobarida ularning sharoitlarini yaratish, xususiy maktablarga ijozat berish ,  darsliklarni yangi mafkura dasturi asosida  hozirlash;
Jamoa maktabi  –  mahallalar, qishloqlar kengashlari, ziyolilar maskanlari ishini aniq yo’lga qo’yish, tarbiya o’choqlari yaratish harakatlarini hukumat tomonidan qo’llash;
Ibrat maktabi  – matbuotda, radio, televidenieda, jamoat tashkilotlarida milliy g’urur, o’zlikni anglash, inson nomiga munosib bo’lish, oshkora fikr bildira olish borasida izchil ish olib borishni tashkil qilish;
Hayot maktabi  –  qahramonlar, vatanparvarlar, xoinlar, sotqinlar hayotidan kitoblar, filmlar tayyorlash, kundalik matbuotda bunga o’rin berish;
Dunyo maktabi – butun dunyo tarixi, ilmi xulosalari asosida tarbiyaviy ish yuritish;
Har bir kishining o’z maktabi –  xususiy tajribalar, tashabbuslar, izlanishlarni rag’batlantirish va keng yoyish.

Uchinchisi: –  MA’RIFAT.
Bolaning ma’rifati yoki ma’rifatli bola – dinni, adabiyotni, odobni, bilimni o’rgatish;
Ma’rifatli yigit-qiz – tarixni, millatni, g’ururni, o’zlikni-menlikni, yurtni, xalqni o’ylash ruhini singdirish;
Ma’rifatli odam  – eshitish va fikrni bayon qila olish madaniyatini o’rgatish;
Ma’rifatli inson  – bahs qila olish, haqiqat, diyonat uchun sobit kurashchini voyaga etkazish;
Ma’rifatli shaxs  – jamoani, yurtni, xalqni to’g’ri yo’ldan boshqara oluvchi yo’lboshchilarni tayyorlash;
Ma’rifatli tuzum  – xalq xohish-istagi asosida haqqoniyat poydevori bilan qurilgan tuzumni yaratish;
Ma’rifatli jamiyat –  dunyoga ibrat bo’ladigan jamiyatni qurish.

To’rtinchisi:  –  MADANIYaT.
Shaxs madaniyati – o’z tarixiy an’analarimiz asosida xususiy madaniyatimizni tiklash;
Jamoa madaniyati –  o’zaro munosabatlarda mehr-muhabbat, hurmat ehtirom ruhini vujudga keltirish;
Rahbar madaniyati – jamoaga, xalqqa bosh bo’lgan kishilarda xalqqa, jamoaga nisbatan hurmat – muqaddas tuyg’u ekanligi majburiyatini paydo qilish;
Turmush madaniyati – yashash uchun yashashni o’rgatish;
Shahar, qishloq madaniyati – ozodalik, obodonlashtirish, obidalarni asrash, qurilishda did , san’at, ijodkorlik, kutubxonachilik, kitobsevarlik va hakozo sohalarda aniq dasturli ish yuritish;
Yurt madaniyati – yurtga kelgan mehmonlarga,  o’zga xalqlar tarixi, urf-odati,  an’analariga hurmat ko’rsatish;
Dunyoviy madaniyat – jahonning qaerida bo’lmasin, o’zi va yurti madaniyatli ekanligini namoyish etish uchun ularning madaniyatini o’rganish.

Beshinchisi:  –  MILLIYLIK.
Milliy til – o’z ona tilini mukammal bilish.
Milliy shuur – o’z millati, tarixi, o’tmishi, bugunidan faxrlanish.
Milliy g’urur – millatiga, yurtiga ta’na toshlari otilganda , xuruj qilinganda, xavf paydo bo’lganda o’z so’zini ayta olish, o’z qudrati, irodasini ko’rsatish;
Milliy timsol –  o’z yurtining bayrog’i, madhiyasi va boshqa timsollarini o’z timsoli deb bilish.
Milliy o’rdu – askarlikda xizmat qilish iftixorini uyg’otish.
Milliy an’ana –  o’z xalqi, urf-odatlari, an’analarini bilish, unga rioya qilish, qadrlash.
Milliy boylik –  er osti, er usti boyliklari, ilm-fan, adabiyot – san’at, tarix – madaniyat boyliklarini asrash, ulardan faxrlanish hissi qonda, jonda bo’lishi uchun bu xususdagi tarbiya mexanizmini yaratish lozim.

Oltinchisi: –
MATBUOT.  Erkin  matbuot – ommaviy axborot vositalarini siyosiy nazoratdan ozod etish.
Xususiy matbuot –  yakka shaxslarning nashrlarini qo’llash.
Jonli matbuot –  radio, televidenie faoliyatini  yangi mafkurani ustivor etishga ruhlantirish.
Matbuot matbaasi – barcha nashrlarning matbaachilik, kitob chiqarish faoliyatlarini dastaklash.
Matbuot etikasi –  nashrlararo madaniyatni rag’batlantirish.
Xabar almashish – ommaviy-axborot vositalarining dunyoga chiqishi va dunyo matbuotining yurtga kirishiga yo’l ochish.
Matbuot so’zi –  hukumatning matbuot so’zini o’rganish va undan xulosalar, tahlillar  chiqarish, foydali jihatlarni hayotga tadbiq etish bo’limini tashkil etish.

Ettinchisi: – MUNOSABAT.
Kundalik voqealarga munosabat – kishining befarqligini yo’qotish.
Davlat, hukumat ishlariga munosabat – har bir odam davlat, hukumat o’zi tomonidan qurilganini, buning uchun mas’ul ekanligini;
O’tmish, bugun, kelajakka munosabat – kechagi kun ajdodlari, bugun o’zi va ertaga avlodlari yashaydigan zaminda nima boru nima qolayotganiga javobgarligi;
Yaratilgan va yo’qotilgan yangilikka munosabat  – yaratilajak har bir narsa uning hayotida iz qoldirajagini sezish;
Dunyoning odimiga munosabat –  dunyoning bir bo’lagi menman tuyg’usini yaratish;
Taqdirlarga munosabat –  “men chetdaman” ruhini yo’qotish;
O’z – o’ziga munosabat –  yutuqlarini ko’ra olish, nuqsonlarini anglay bilish qobiliyatini yaratish.

Ko’rinib turibdiki, mafkura jamiyatning eng murakkab masalasidir. Uning har bir bo’lagini alohida tayyorlash va ko’pchilik bo’lib ma’lum dasturlarga aylantirish, ijro mexanizmlarini yaratish lozim.

Albatta, mening takliflarim kimgadir jo’n, kimgadir murakkab tuyulishi mumkin. Kimdir uning ichida ilgari ham aytilgan gaplar bor, deyishi mumkin. Bu tabiiy. Men ham kommunistik mafkura sarhadidan chetda o’sgan emasman. Qolaversa, yovuz mafkuraning “ko’zboylag’ich” va’dalari ko’p edi. Ular faqat gap holida yashardi.

Endi mustaqilmiz. Vatanimiz, millatimiz taqdiri, kelajagiga javobgarmiz. Buni to’la ma’noda anglashimiz uchun ham yangi mafkura kerak bo’lib turibdi.

Bugun AQShda to’qson million o’smir yozishni, o’qishni bilmaydi, bugun Olmoniyada son-sanoqsiz o’smir hayo nimaligini bilmaydi, bugun Rusiyada ming-ming yosh Vatan nimaligini bilmaydi, bugun bizda ham yozishni, hayoni, Vatanni bilmaganlar safi kengaymoqda. Bulardan xulosa qilishga majburmiz. Chunki bizning o’tmishimiz, tariximiz, tobonimiz muhabbat, maktab, ma’rifat, madaniyat, milliylikdan iboratdir. Va bu jahon tarixida  – davlat qurishdan tortib falsafa yaratishgacha hamma sohada o’lmas kashfiyotlar, poydevorlar yaratish bilan o’ziga maskan soldi.

Dunyo yuksalishining ikki renesansi – uyg’onishi bizda boshlangan. Shunday ekan, uchinchi uyg’onish haqida uylash gardanimizga tushganini his qilmog’imiz kerak.

Yangi bir mafkura dasturini yaratish,  uni hamma birlashib amalga oshirishi tufayligina bunga erishish mumkin. Zero, mafkura insonni ulug’ Tangri, buyuk tabiat, cheksiz borliq, noma’lum kelajak bilan bog’lovchi yo’ldir.

JAHONGIR MUHAMMAD
“ERK”  gazetasi, 1994 yil aprel.

3 Responses

  1. […] 25.Yaqin moziy […]

  2. […] 25.Yaqin moziy […]

  3. […] 25.Yaqin moziy […]

Comments are closed.