Jahongir MUHAMMAD:HAVZI QULQULUM

Kundalik kitob

Muallifdan׃ Havzu qulqulum degan iboraning ikki ma’nosi bor.
Birinchisi, bu afsonaviy tubsiz hovuzning nomi. Ba’zi manbalarda bu hovuz quduq ham deyiladi. Tubi yo’q quduq…
Ikkinchisi esa, xalqda mechkay, to’ymas odamlarni shunday deyishadi.
Zotan to’ymaslik hamma balolarning debochasi.
Ovqatga to’ymaslik, pulga to’ymaslik, mansabga to’ymaslik…
Qonxo’rning qonga to’ymasligi…
Yolg’onchining yolg’onga…
Ig’vogarning ig’voga to’ymasligi…
Shular emasmi insonlar va jamiyatlarning ajali?
Xullas, bu to’ymas dunyo- HAVZI QULQULUMga ana shu mantiq bilan boqamiz.

BLOG
14 Iyul, 2009 yil
Demokratik O’zbekiston Kongressi raisligini shoirimiz Yusuf Jumaning o’g’li Alisherga topshirganimdan keyin birinchi bo’lib Bahodir Choriev telefon qildi׃
-Aka, xafa bo’ldim, deb aytayinmi yoki tabriklayinmi? –dedi u.
-Tabriklang!,-dedim.- Endi mustaqilman. Endi yana ko’proq ijod qilishga yo’l ochildi.
Shunday dedimu boshqa bir mas’uliyatni bo’yinga olganimni keyin tushundim. Demak yana yangi narsa yozishim kerak.
Shunday deb tursam shogirlardan biri teelfon qildi׃
-Aka biz asarlaringizning asosiy qismini “Jahonnoma”ga (www.jahonnoma.com) ga to’plab bo’ldik. Uni endi siz bir blog tarzida yuritsangiz zo’r ish bo’lardi-da,-dedi u.
Xo’p dedim. Lekin bir narsa yodimga tushdi. Hali blog degan so’z ona tilimizga kirib kelmagan paytlarda men “Blogger kuzatadi” degan rukn tashkil qilganimda o’zini o’zbek deb yurgan bittasi meni “U kim bo’libdi, bor yo’g’i bir blogger!” deb meni kuldirgandi. Davr men tomonda ekanini ko’rsatdi. Bugun uning o’zi ham blogger. Bugun nafaqat oddiy odamlar, balki dunyoning eng kuchli prezidentlari, olimlari, adiblari ham blogger va o’z bloglari bor.
Mana kecha AQShning o’tgan saylovda prezidentlikka nomzod bo’lgan senatori Jon Makkeyn ham blog ochibdi va birinchi kuniyoq o’quvchilarining soni bir millionga etibdi. Tabiiyki, bizda hali kuniga bir million odamning internetga kirishi muammo. Lekin shunday zamon keladi.
Ajabmas, mening bu kundalik-kitobim o’sha kunlarda “Yaqin tarixga Jahongir Muhammad ko’zi bilan nazar” ruknida millionlarning mulkiga aylansa?
Yaxshi niyat yorti mol!

SOATIGA 12 SENT

15 Iyul, 2009 yil
Bugun ertalab ishxonamizda bir kishi huzurimga kelib׃
-Kitoblaringizdan biridagi sana Amerikada gi sana yozilishga mos tushmaganini ko’rdim,- deb qoldi.
Darhaqiqat, raqamlaganda bizda oldin kun, keyin oy yoziladi. Masalan bugunni 15-7 tarzida yozamiz. Amerikada oldin oy yoziladi ׃ 7-15 shaklida. Ba’zan bu ham muammmo chiqarishi mumkin. Lekin mening kitobimda matn ham inglizcha, ham o’zbekcha berilgani uchun sana yozilishi aslida qanday bo’lsa shunday qolganini tushuntirgan bo’ldim.
Keyin xabarlarni o’qidim.
Milliarder Bernard Meydov (Bernard Madoff) sudxo’rlik qilaman, deb odamlarni 70 millirddan ziyodga quv tushirgandan keyin qamoqqa olingandi va uning Nyu Yorkdagi moliyaviy imperiyasiga barham berilgandi.
Yaqinda sud unga 150 yillik qamoq jazosi berdi. 72 yoshli sobiq milliarderga qamoqda hojatxonalarni tozalash ishini berishibdi va bunga soatiga 12 sent haq to’lashar ekan. Bu ham uning qarzlarini qoplashga ketsa kerak?
Yuqorida bizda sana yozilishi boshqacha dedim. Aslida hama narsa boshqacha. Agar Amerikaga o’xshaganda xalqning butun boyligini sovurgan Karimov allaqachon qamoqda o’tirgan bo’lardi.
Karimov o’lib qutulib ketar? Lekin bir kun kelib qizlari Gulnora va Lola sud qilinsa va qamalsa, ularga ham Meydov kabi jazo berilishini istagan bo’lardim. Shunday qilinsa, menimcha bu kelajakdagi boshqa malika, shahzodalarimizga ham saboq bo’larmidi?

QABRISTONDAGI YALANG’OCHLAR

16 iyul, 2009 yil
Bugun ertalab qiziq bir xabarga ko’zim tushdi. Indiana shtatining shimolida politsiya xodimi qabristonda qip yalang’och holda yugurib yurgan bir odamni ushlabdi.
51 yoshdagi bu odam mozorga kuyovining qabrini ziyorat qilgani kelgani, bundan oldin sport o’yiniga qatnashgani uchun kiyimlari ho’l bo’lgani, quritish uchun chiqargani kabi bahonalarni aytibdi. Anqovga arpa ham bahona!
Mening esa xayolimdan “U balki go’rdan chiqqandir?” degan gap o’tdi va darhol bu erlarda kiyim bilan ko’mishlarini eslab bu fikrdan qaytdim.
Keyin kecha kechqurungi telefonlaru elektron adresimga kelgan xatlarni esladim. Hammasi mening Demokratik O’zbekiston Kongressi raisligini o’z ixtiyorim bilan Alisher Yusufjon o’g’liga topshirganim haqida.
Ayrimlar xursand. Bechora xalqimiz. Qonunsizlik, subutsizlik, o’z so’zida turmaslik uni shu qadar ranjitganki, oddiy bir qoidaga rioya qilishni ko’rganda ham sevinib ketadi.
Ayrimlar esa biroz ranjigan. Ularga׃
-Men ilk kundan boshlab aytganman va bu haqda bir necha marta yozgan ham edim, bu ishni yoshlardan biriga topshiraman deb. Ayniqsa, Nizomda belgilangan muddatdan bir kun ham ortiq raislik qilmayman. Biz demokratiyani yoymoqdamiz. Demak, buni amalda ham isbotlashimiz kerak. Bugunga kelib DO’Kda bu shni bajara oladigan yoshlar juda ko’p. Har bir yosh bu ishga qodir. Faqat ularga ishonish va ularni dastaklash kerak, – kabi gaplarni aytganimdan keyin gapni boshqa tomonga burishadi.
Gap aylanib albatta 20 yildan beri aravani quruq olib qochganlarga taqaladi.
-Lider eng avvalo o’ziga, so’ziga ishonishi kerak. Agar birorta tashkilot orqali lider bo’lib turgan bo’lsa va bu tashkilot rahbarligidan ketishga qo’rqsa, u Islom Karimovning nusxasi. Kuchli odam yakka boshiga ham o’zini ko’rsata oladi. Kuchli odam millatning dardi hisobiga siyosatni biznesga aylantirmaydi,-deb mavzuga nuqta qo’yaman.
Hozir esa kechagi kun va bugungi voqealarni eslar ekanman, haligi, qabristonda yalang’och yugurib yurgan kishi voqeasi xayolimga kelayati. Bu negadir “yalang’och shoh” iborasini eslatadi…
Mamlakat qabriston… “Yalang’och shoh” Islom Karimov yugurib yuribdi…
Yana bir qancha “qabristonlar” bor… huvillab qolgan… tark etilgan…lekin ularda ham “yalang’och shoh”lar yugurib yurishibdi!

PAYG’AMBARNING “O’G’LI”

17 iyul, 2009 yil
Bugungi xabarlarda Konnektikut shatatida politsiya 24 yoshli Ruben Vaskes (Ruben Vasquez) degan odamni bolalarni kaltaklagani bois ushlagani aytiladi. “Har kuni qanchadan qancha odam ushlanadi, nima qipti?” deyishingiz mumkin.
Gap shundaki, u o’tgan va qaytgan bolalarga, unga parvo qilmagan tarbiyali odamlarga ozor berar, ularni haqoratlar, qo’liga tushgan narsasini ularga otar ekanu lekin doim uning qo’lida “Bibliya” va “Men Iso payg’ambarning o’g’liman” deb baqirib yurar ekan.
Ko’z oldingizga kim keldi? Ha, yashang! Siz kabi mening ham ko’z oldimga Abdurahim Po’latov keldi.
Uning boshqa illatlari haqida ko’pchilik ko’p narsa yozmoqda. Hali ko’p narsa yoziladi ham. Chunki uning ham millatga qarshi qilgan anchagina kirdikorlari bor.
Men bugun uning chalasavod siyosatchi bo’lgani, hammaga arqon o’rib beraman deb o’ziga ip esholmagani borasida bitta kichik misol keltirmoqchiman.
Xabaringiz bor, Obama ma’muriyatining yuqori lavozimli vakili – AQSh Davlat kotibining o’rinbosari Uilyam Byorns (William Burns) bundan besh kun oldin Toshkentda bo’ldi. Shu haqda Barakatsiz “Harakat” da yozar ekan, Abdurahim Po’latov bu odam AQSh Davlat Kotibining o’rinbosari emas, u bor-yo’g’i boshqarma boshlig’i deb uzundan uzoq “dars berdi”. Bilmaganlar bu odam aqlli ekan deb qoyil qolishlarini tasavvur qilgan-da!
Osh damlab, diplom sotib olgan kommunist professorlarning hammasi ham bilimsiz emas edi. Yoki ular “bilimsizligim bilinib qolmasin” deb panada yurishardi. Abdurahim Po’latov esa o’pkasini qo’ltiqlagan, shuning uchun sharmandasi chiqib qolmoqda.
AQShda ham, boshqa mamlakatlardagi kabi Davlat Departamentida bitta birinchi o’rinbosar lavozimi bor. Buni Deputy Secretary deb atashadi va bu xalqaro miqyosda Tashqi ishlar vazirining birinchi o’rinbosari lavozimi bilan teng. O’zbekistonda ham xuddi shunday lavozim bor. Buni bilish uchun Suqroti hakim yoki anqoi politolog bo’lish kerak emas!
Qolaversa, Davlat kotibining bir nechta o’rinbosari lavozimi mavjud. Bu maqomni Under Secretary deb atashadi va xalqaro standartlar hamda bizdagi tizim bo’yicha vazir o’rinbosari darajasiga tengdir.
Demak, O’zbekistonga Abdurahim Po’latov zo’r berib uqtirgani kabi Boshqarma boshlig’i emas, balki Davlat kotibi o’rinbosari (Vazir o’rinbosari) borib keldi.
Shunga ham shuncha gapmi, deyishingiz mumkin. Bu muhim. Chunki bu ham Po’latovning siyosatni va ayniqsa, davlat qurilishini bilmasligini ko’rsatadi. Bilmasa bilmabdi-da deysizmi? Unda “Men Iso payg’ambarning o’g’liman!” deb baqirmasin-da!

JANNATNING “JIYAN”I

19 iyul, 2009 yil
Taklif qilishgandi, kecha subhidamda Nyu Yorkka bordim.
Koreyslar ajabtovur bir markaz qurishibdi. Qasrlar majmuasi bo’lgan qal’a. Ichida bir tomonda sharsharalar. Cho’miladigan joylar. Massaj oladigan bo’limlar. Ikkinchi tomonda har birining harorati boshqasidan farq qiladigan o’nlab issiq va sovuq xonalar. Biriga kirsangiz muzlaysiz, boshqasiga kirsangiz yonasiz. Birida tosh, boshqasida tuz…
Shu qal’aning ichida konferentsiya zallari, restorandan tortib, uxlab dam oladigan joylarga qadar muhayyo. Chapanicha qilib aytganda “jannatning jiyanini” yaratib qo’yishibdi.
Gap bunda emas. Gap shundaki, do’nyoga tarqalib ketgan o’zbekistonliklarning ziyolilari bu joyni yigirma to’rt soatga ijaraga olishibdi. Asosan turli soha olimlari… Mavzu madaniyat, ilm, siyosat…
Shu erda o’zbekistonlik yirik bir olim bilan tanishdim. O’zi yosh ammo dunyoning eng kuchli olimlaridan biri. Toshkentda ishlasada, bir oyog’i Londonda. Ikkinchisi Nyu Yorkda ekan. Uning qismati kundalikning bugungi hikoyasiga asos bo’ldi. Ma’lum sabablarga uning ko’ra ismini keltirmayman.
-Rossiyada o’qib, doktorlikni ham o’sha erda yoqladim,-dedi u suhbatimiz asnosida.- Akademik bo’ldim. Ilm bobida bir qancha kitoblar chop etdim. Dunyo tan oldi. Kunlarning birida O’zbekistonda juda katta mavqega ega bo’lgan kishi “Bas, endi Vatanga kelib xizmat qiling” deb qoldi. Gapini ikki qilmasdan bordim. Moskvadagi kabi yirik tadqiqot markazini ochdim.
Tadqiqotlar tufayli chetdan O’zbekiston xazinasiga ham, markazda ishlaydiganlarga ham, o’zimga ham katta daromad kela boshladi. Pul topdingizmi ko’z tikkan ko’p bo’lar ekan. Hali mirshabi, hali malikasining elchisi, hali mafiyasi deganday holimizga qo’yishmas edi.
Sekin asta hov tepalardan ham bizga ko’z tikkanlar chiqa boshlaganini sezdim. Chunki tekshir-tekshirning keti uzilmaydi. Na ishda, na uyquda halovat bor. Kelajakka ishonch qolmadi. Oilamni Londonga ko’chirdim. Topgan pulimni ham o’sha yoqqa yuboraman. Chunki Toshkentda saqlashning iloji ham, imkoni ham yo’q. Shuncha kuchli olim bo’lsam ham hayotimdan mamnun emasan. Jajji-jajji bolalarim mendan uzoqda. Mehnat qilib topgan pulimga ko’z tikkanlar sanoqsiz. Men shunday bo’lsam, oddiy odamlar qandayligini o’zingiz tasavvur qilavering…
Bu odam gapirar ekan ko’zlarida og’ir hazinlik bor edi. Negadir u kulmas, doim jiddiy, bosh egib o’tirardi. Gapirganda ham atrofga alanglab qo’yib, tovushini tobora pasaytirib gapirardi. Bu qo’rquvning alomati edi. O’zbekistondagi qo’rquvning Nyu Yorkdagi soyasi.
Qancha-qancha o’zbeklar chetga chiqib non qidirib yurishibdi. Bu favqulodda iste’dodli olim esa chetga pul yubormoqda. Oilasiga. O’zining kelajagiga.
Men uni ayblay olmayman. Har qanday oila boshlig’i o’zi va bolalarining kelajagini o’ylashi shart. O’z oilasi va bolalari haqida o’ylamagan odam xalqi haqida ham o’ylamaydi. Chunki uning oilasi shu xalqning bir bo’lagi.
Uning kabi olimlar va ziyolilar ko’p ekan.
Oilalari chetda, o’zlari ichkarida.
Qanchalab ishbilarmonlar, hatto vazirlar, o’rinbosarlari…
Mana sizga dunyoning gullab yashnayotgan o’lkasi deb madh etilayotgan O’zbekiston hayotidan yana bir manzara.
Bu og’ir hikoyadan keyin yaxshi gap shuki, to’plangan ziyolilarning ko’plari millatning kelajagi va mamlakatning istiqboli xatarli tus olayotgani va uni qutqazish haqida qayg’urganlari meni quvontirdi.
Yarim tunda Nyu Yorkdan qaytar ekanman, ana shunday ham mahzun, ham kelajakka yo’nalgan umidbaxsh bir ruh og’ushida edim…
Negadir ko’kda oy ko’rinmasdi…
Balki bulutlar uni bekitgan va men ko’ra olmayotgandirman?

O’ZGARMAGAN ODAM
20 iyul, 2009 yil

Vashingtondan ancha uzoqqa ko’chdik. Poytaxtga uch soatlik yo’l. Bu haqda mavridi kelganda yozarman. Hozir gap boshqa mavzuda. Bugun sahar tashqariga chiqsam o’rmon uyquda. Daraxtlar miq etmaydi, lekin havo salqin. Qushlarning esa shovqini tinmaydi. Hammasi har turli sayraydi. Ayniqsa qarg’aning juda xunuk sayrashi olamni buzib yuborgandek bo’ldi. Menimcha, hatto qaerdadir uxlab yotgan tulki ham uyg’onib ketdi-yov…
Tabiatning har bir turlanishi bir dars. Bu holat meni o’yga cho’mdirdi.
Ma’lumki, fan tomonidan isbotlangan haqiqat bor. U ham bo’lsa inson fitrati umr bo’yi bir xilda qolmasligi. Fitrat turli-tuman sabablar tufayli o’zgarib boradi. Masalan, kuchli xarakterlar emrilishi yoki zaif xarakterlar kuchayib borishi mumkin.
Ba’zan juda zolim otalarning oila muhitiga qarab yumshaganiga guvoh bo’lamiz. Ba’zan esa, juda zolim diktatorlarning dunyoviy bosim ostida demokratiya tomon egilganini ko’ramiz.
Tabiiyki, ularning ayrimlari o’zlarini o’yin qilayapman, bu vaqtincha, sharoitga qarab bir qadam orqaga tashlab, keyin ikki qadam ilgari odimlayman, deb ovutishlari mumkin. Ammo ko’plari o’zlari aldanib qoladilar va o’zgarish sari ketib qolganlarini bilmaydilar.
Lekin nega Islom Karimov 20 yil davomida o’zgarmadi degan savol xayolimda aylandi. Bu fandagi isbotlagan haqiqataga teskarimi yoki fan qoldirgan juda oz ehtimolga kirgan shaxsmi? Menimcha buning sabablari ko’p. Shundan faqat uchtasini misol keltirmoqchiman:
Birinchidan, Islom Karimov demokratiya, erkinlik nima ekanligini yaxshi biladi va bundan juda qo’rqadi. Buni o’zining ajali deb biladi. Juda ko’p zolimlarni supurib tashlagan demokratiya uni juda osonlik bilan qulatishini va zindonga tiqishini fahmlaydigan aqlga ega.
Ikkinchidan, Islom Karimov ozgina yumshoq bo’lgani uchun Moskvaga qochish majburiyatida qolgan Akaev, G’arbning ta’siri ostida erkinlik tomon juda oz bo’lsada odimlagan Kuchma, xalqning qonini to’kmaslikka qaror qilgan Shevardnadze va ularga qadar ham to Elchibeygacha shunday yo’llarni tanlaganlarning qismati nima bo’lganligini biladigan darajada ayyor odam.
Uchinchidan, uning ba’zan o’zgarishga tomon odim otishga uringanida darhol ortga qaytishiga ko’maklashadigan muhit mavjud. Bu MXX, IIV, maddohlar va “O’zbek muxolifati” nomidagi ba’zi kuchlardir.
1997-1998 yillarda u vakolatlarining bir qismini Bosh vazirga yuklab o’zi mazza qilib dam olib yuradigan prezident bo’lmoqchi edi. Yoki u 2003-2004 yillarda G’arb bilan o’yin qilish bahonasida qadamba-qadam ortga ketishga majbur bo’layotgan edi. Ammo ko’zlari mudrashi bilan uni sergaklantirib qo’yadigan muhit, uni uyg’otadigan qora qarg’alarning sayrashi uning uchun “aspirin” rolini o’tadi. Bu “aspirin” uning qonini suyultirib, yurak xurujidan asrab kelmoqda.
Ana shunday juda ko’p omillardan kelib chiqib, inson fitratining o’zgarmay qolish sababini aniqlash mumin. Bu esa insonning jazosiz qolishi bilan bog’liq.
Jazoning turlari ko’p: yuziga qarab tanqid qilish, ogohlantirish, ishonchsizlik bildirish, hayfsan e’lon qilish, xatolari va qilmishlari uchun hisobga tortish, ishdan olish, sud qilish… va hokazo va hokazo. Islom Karimov ana shularning hammasidan chetda qoldi va qolmoqda? Uning o’zgarmasligining asosiy sababi mana shunda.
Xayolga botib ancha yurib qo’yibman. Hali ishga borishim kerak. Tez yurar poezdda uch soatlik yo’l- yana qancha xayollar va xulosalar momosi…

TOYLOQMI YOKI TAYLOQ?

21 iyul, 2009 yil
Samarqand viloyati Toyloq tuman mahkamasi…(Bi-bi-si).
Samarqand viloyatining Toyloq tuman sudida…(“Ozodlik”)
Bugungi inglizcha xabarlarga ko’z tashlar ekanman, AQSh olimlarining yangi bir xulosasi meni o’ylatdi. Ularga ko’ra, ona homildorlik paytida qancha ko’p chang yutsa, uning bolasi shuncha ko’p aqliy zaif bo’larmish. Bir qancha va bir necha yillik tekshiruvlardan keyin shunday xulosaga kelishibdi. Dod deb yuborgim keldi, axir o’zbekning onalari har kuni, har soatda, har soniyada yutgani chang-ku!
Bugunga kelib O’zbekistonda aqliy zaiflik, chalasavodlik yoshlar orasida ommaviy tus olmoqda. Maktabda “Islom ota” deb yurganlarni bir tomonga qo’ying, hatto shaharda onasi kamroq chang yutganlar ham bugun loqayd. Ozgina izlanish, ozgina o’qish ham ularga og’irlik qiladi. Shuning uchun o’nga qarang xato, chapga qarang xato.
Ana shu kayfiyat bilan o’zbekcha xabarlardan biridagi “Toyloq” degan so’zga ko’zim tushib qoldi.
Ma’lumki, taniqli jurnalist Dilmurod Sayyidning sudi munosabati bilan Samarqand viloyatining Tayloq tumani nomi xabarlarda tez-tez uchrab qolmoqda. Ba’zilar bu tumanning nomini “Toyloq” deb bitishmoqda.
O’zbek tilida “toyloq” degan so’z bor va bu kichkina toy, ya’ni toychaga nisbatan ishlatiladigan kalimadir. Boshqa tillardagi kabi O’zbek tilida ham bolalarni erkalash uchun turli hayvonlarga qiyos berish mavjud. Toychoqning sinonimi tarzidagi ana shu “toyloq” kalimasi asosan erkatoy bolalarga nisbatan ham qo’llaniladi. Balki shundan kelib chiqib, Tayloq tumanining nomini “Toyloq” deb yozishmoqdami? Bilmadim.
Nima bo’lganda ham bu, menimcha, ikki jihatdan xato.
Birinchisi, biz jug’rofiy nomlarni yozganda ular qanday qabul qilinganiga rioya etishimiz kerak. Bu tumanning rasmiy nomi Tayloqdir. Ilgari bu erda Tayloq posyolkasi mavjud bo’lgani uchun Samarqand tumani ikkiga bo’linib, yarmiga shu nom berilgandi.
Ikkinchi jihati shundaki, Tayloq posyolka bo’lmasidan oldin u erdagi qishloqning nomi ham shunday atalgan va u erda asosan tojik millatiga mansub xalq istiqomat qilgan. Shundan kelib chiqilsa, forsiyda (tarixiy she’riyatimizda ham ko’p uchraydigan-J.M.) ”Tay” so’zi bor. Bu so’z “o’tadigan joy” ma’nosini beradi va Tayloq haqiqatdan har tomonga o’tadigan chorraha bo’lgan.
Urgutga, Panjakentga, Ravonak va Sochakka xuddi shu joy orqali o’tilgan. Bu joylardan “keladigan yo’llar” Tayloqda bitta nuqtaga birlashgan va 12 kilometrdan so’ng Samarqandu sharifga etgan. Shu bois Tayloq kalimasining o’zagi “Tay” bo’lgani mantiqqa yaqindir.
Tabiiyki, kelajakda tarixchilar bu tumanning tarixini batafsil o’rganadilar. Lekin biz o’zimizcha uni “Toyloq” qilib yubormasligimiz kerak. Yuz yillardir Tayloq bo’lgan va biz bir kunda uni “Toyloq”qa almashtirib yuborishimiz shunday ham chalasavodlikka mahkum etilayotgan avlodlarni yanada chalg’itish bo’ladi.

O’ZBEKKA NIMA BO’LMOQDA?

22 iyul, 2009 yil
Bugun ruslar e’lon qilgan ma’lumotga ko’ra, o’zbekistonliklarning Moskvadagi qilgan jinoyatlari 25 foyizga o’sibdi.
Aslida dunyoda har kun, har daqiqa minglab jinoyatlar bo’ladi. Lekin ulardan ba’zi birlarigina matbuot sahifasiga chiqadi va ayrimlarigina el-ulusni larzaga soladi. Chunki bunday jinoyatlar, ayniqsa qotilliklar inson mafkurasiga mutloq zid bo’lgani va hatto tasavvur qilish qiyinligi bilan ajralib turadi.
Biz bugunga qadar hamyurtlarimizga nisbatan qilingan jinoyatlar haqida ko’p yozdik. Ammo ular qilgan jinoyatlar sabablarini hali hech kim tahlil qilgan emas. Ulardan garchi juda ozlari bo’lsada, non izlab borgan joylarida vahshiylik qilishlari bizning madaniyatimizga xos emas.
Bundaylarning soni barmoq bilan sanoqli bo’lsada, ularning qilmishlari boshqalar uchun qimmatga tushmoqda va bir qator mamlakatlarda o’zbeklarni vahshiy deb tanishmoqda. Munosabat ham shunga yarasha shakllanmoqda.
Keling, avval dunyo matbuoti sahifalariga tushgan shunday qotilliklardan ba’zilarini eslaylik va keyin fikrimizni davom ettiraylik.

Norvegiyani larzaga solgan qotillik…
O’zbekistonni tark etib, bu mamlakatga kelgan va boshpana olishga uringan, ammo ololmay mahalliy ayollardan biriga uylangan Bahodir Mirzaolimov 2007 yilning 1 May kuni qotillikda ayblanib qamoqqa olingandi.
U homilador xotinini va uning 7 yoshli jiyanini avval zo’rlab, keyin o’ldirganlikda ayblangan.
Shuningdek, unga xotinining 10 yoshli qizini zo’rlash, qiynash va kaltaklash aybi ham qo’yilgan.

Boshga sanchilgan bolta…
Samarqand shahrining Sadtepa dahasidan bo’lgan 22 yoshli Temur Ergashev tirikchilik maqsadida Rossiyaga borgan. U hamyurtlari bilan birga Belebeev tumanidagi g’isht zavodida ishlagan.
Boshqirdiston Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko’ra, zavod xo’jayini bu erda ishlayotgan o’zbeklarning pasportlarini olib qo’yib, ish haqlarini bermagan.
Natijada 2007 yil avgust oyida ish beruvchi bilan Temur Ergashev o’rtasida janjal chiqqan. Chunki Temur ish beruvchidan pasportini va ish haqini so’ragan. Ish beruvchi esa bermagan. Temur boltani olib avval dastasi bilan uni bir necha marta urib, keyin uni o’n marta chopgan. So’ngra yuzining o’rtasiga boltani sanchib, chiqib ketgan. Bu ne dahshat!

Shahvatxonada oqqan qon
Chexiya. O’zbekistonning to’rt fuqarosi, politsiya tarqatgan ma’lumotga ko’ra, Praga shahrida ukrain tilida so’zlovchi qiz va yigitning bo’yniga pichoq tortgan. Qizni avval zo’rlashgan, keyin o’ldirishgan.
Praga politsiyasi matbuot vakili vahshiy qotillik 2008 yil, fevral oyining so’nggi kunida sodir etilganini, gumondor shaxslar esa 12-14 mart kunlari ushlangan.
Qotillik 29 fevralning tongotar paytida shahvoniy xizmat klubida sodir etilgan. 22 yoshli ukrain qiz zo’ravonlik oqibatida o’lgan. Qizni o’ldirgan o’zbeklar 32 yoshli ukrain kishini ham pichoqlashgan.

O’z birodarining qotili
2007 Aprel. Qozog’istonning Olmaota viloyatidagi Jarkent shahrida ichkilikbozlikdan so’ng o’zbekistonlik bir mehnat muhojiri ikkinchisini bolta bilan chopib o’ldirib, voqea joyidan qochib ketgan..
Jarkent shahri huquq-tartibot idoralarining bildirishicha, ulfatchilik vaqtida kelib chiqqan o’zaro janjal qurboni bo’lgan o’zbekistonlikning yoshi 25 da bo’lgan.
Bundan avval ham Olmaota viloyati ichki ishlar departamenti viloyatning Kamenskiy tumanidagi xususiy uylarning birida erkak va ayol kishining jasadini aniqlaganini bildirgandi. Qozog’istonlik er-xotinning qotillari O’zbekistonning 3 fuqarosi bo’lib chiqqani xabar qilingandi.
Ana shunday misollarni juda ko’p o’qiydigan bo’lib qoldik.
Vahshiylik qilgan o’zbeklar deyarli yoshlar bo’lib, ular masalani huquqiy yoki muzokarlar yo’li bilan hal etilishi mumkin hollarda ko’z ko’rib, quloq eshitmagan jinoyatlar sodir etmoqdalar. Bu jinoyatlar oddiy emas, balki inson psixologiyasi, zehniyati tubida keskin o’zgarishlar bo’layotganini ham ko’rsatadi.
O’zbekistonda yoshlar mutlaqo davlat mafkurasi nazoratida bo’lgani uchun yuz berayotgan bunday jinoyatlarga hukumat ham mas’uldir…

UNUTUVCHANMIZ
23 iyul, 2009 yil

Poezdda xabarlarni o’qib kelar ekanman, bittasi diqqatimni tortdi. 74 yoshli evangelist Toni Alamo (Tony Alamo) 8 yoshlik bir qizni xotinlikka olibdi va uni bir necha marta zo’rlabdi ham.
Hozir bu Xudoning balosi qamoqda va Arkanzasda sud qilinmoqda.
Bu xabar bundan bir necha oy oldin xuddi shunday voqea Saudiya Arabistonida ham yuz berganini eslatdi.
Demak, gap ablahning vatani va dinida emas, uning kallasida degan gap to’g’ri ekan-da!
Tez yurar poezd uchib ketmoqda. Shunchalar tezki, ko’rib qolganingiz odamlar nima bilan band ekanligini hatto ilg’ab qololmaysiz.
Umr ham shunday, bir qarasangiz yoningizdagi odamning bu dunyodan ketganga 20 yil bo’libdi. Qo’l ochib duo qilib qo’yasiz yoki bir xatm tushirasiz…
Xotira ham shunday… Juda unutuvchan…
Ayniqsa biznikilarning xotirasiga nimadir bo’lgan׃
Etik kiysa, chorig’ini unutadi…
Otga minsa piyodani…
Taxtga minsa, xalqni…
Saylansa, saylaganni…
Zindondan chiqsa, zindondagini…
Mukofot olsa, taqdim qilganni…
Qo’liga pul kirsa, uni berganni…
Shaharga ketsa, qishloqni…
Chetga ketsa, Vatanni…
Unutadi har qanday yaxshilik qilganni…
Lek tanqid qilganni unutmas aslo!
Balki shuning uchunmikan bizda asosan maqtov bosgan yurtni.
Maqtov bosgan yurt xuddi mog’or bosgan nonga o’xshaydi…
Ana shu fikrlar bilan Vashingtonga etib keldim. Kompyuterimni sumkamga solar ekanman, shu sumkani Yodgor Turlibekovga hadya qilaman deb unutganim yodimga tushdi. Unutuvchanmiz dedim-ku!
Bu haqda nasib etsa ertaga yozaman!

YODGOR TURLIBEKOV
24 iyul, 2009 yil

Kecha aytib bermoqchi bo’lganim hikoyaga ham Tangrining izni bor ekan, mana vaqti keldi:
Vashingtonda buyuk shoirimiz Yusuf Jumani ozod qilish uchun uning oilasi piketga kelgan kun edi. Men Kanadada edim. Uyga qaytayotib, telefonim jiringladi׃
-Jahongir aka, kerak bo’lgan paytda qayoqlarda yuribsiz?
Gulnora Oltievaning fig’oni oshgandi. Ertalabga etib borishimni aytdim. Chunki oldinda o’n soatlik yo’l bor edi hali. Uyga yarim tunda keldik. Yo’lda kofe ichaverib, uyquning “belini” sindirgan ekanmiz, ko’z ilinmadi. Uxlamay osh damladik. Ko’pning oshi yaxshi bo’ladi, deb bejiz aytishmaydi. Toshkentcha, mazasi og’izdan ketmaydigan osh bo’ldi.
Oshni ko’tarib, piket qilayotganlar oldiga borsak, hatto shiorlari ham yozilmagan ekan. Gulnoraxonning fig’oni shundan ko’kka o’rlagan.
Avval joy topib, mashinamni joylashtiraman, desam bittasi turtib ketdi. Vashington jinnixonadek gap. Bu erga mashinada kelish aqlli ish emasligini bilsamda, ba’zan shunga majbur qolaman. Keldingizmi, yo turtib ketishadi yoki oradan hafta o’tmay jarima qog’ozi boradi. Har qadamda suratga oladigan uskuna qo’yilgan va ba’zan qoidaga rioya qilsangiz ham suratga tushib qolaverasiz. Shaharning asosiy daromadi shu bo’lgandan keyin sizni bargning uchiga ilib qo’ysa ham bir nima deya olmaysiz.
-Xudoning ishlaridan o’rgilay,-dedimda, piktchilarga ko’makchi bo’lish uchun shoshildim.
Kechqurun ularni uyga boshladim. Yodgor akaning qo’ltig’ida bitta xaltachaga o’ralagan kompyuteri bor edi.
Buni umr yo’ldoshim ham payqagan ekan׃
-Uyda bitta yangi sumka bor, kompyuter solib yuradigan, shuni otaxonga hadya qilsangiz, xursand bo’lib, eslab yuradilar,-dedi.
Kompyuterga qarab turganimizni sezdilar, shekilli, Yodgor aka׃
-Qayoqqa borsam, bu kompyuterimni qo’ltiqlab yuraman,-dedilar.
Uzoq suhbatlardan keyin yotib uxladik. Sahar nimadir “tiq –tiq” eta boshladi.
Sekin zinalardan ikkinchi qavatga tushsam, Yodgor aka kompyuterni ochib, nimadir yozayaptilar.
72 yoshli inson. Har bitta harfni bittalab qidirib, bittalab yozmoqdalar. Sodda qilib aytganda katta bir maqolani harflab yozmoqdalar.
-Nima yozayapsiz?-desam.
-Islom Karimov haqida bir narsalar,-dedilar.
Shu yoshda shunchalik shijoat va shunchalik matonat. Aslida bu kishi yozmasalar ham birov bir narsa demaydi. Lekin qalblari notinch. Millatni va mamlakatni o’ylaydilar. Bu u kishning uyqularini buzadi. Nimadir qilmoqqa, yuraklaridagi hayqiriqni aytmoqqa intiladilar…
Suhbatimiz nonushta payti yana qo’r oldi… Keyin Gulnoraxon tashqariga chiqib oldilar. Men Javharga til o’rganishi uchun kitob qidirish bilan ovora bo’lib qoldim. Soatga qarasak, kechikib qolibmiz, shoshib mashinaga minib, jo’nab ketibmiz, sumkani berish yodimdan ko’tarilibdi…
Man endi bu sumkani o’zim ko’tarib yuribman. Bu endi Yodgor akaning menga hadyasi. Chunki har kun bu sumkaga qarasam, u kishi yodimga tushadilar-da!

PREZIDENTNI TIZ CHO’KTIRGAN KUCH

26 iyul, 2009 yil
Bugun televizor ko’rishga vaqtim bor. Qaysi kanalni qo’ysam, hammasida bitta gap…
Darvoqe bir necha kundan beri Amerika matbuotining asosiy masalasi Prezident va mirshab “bahsi”dir. Bu voqea aslida xalq boshqaruvi-demokratiyaning qudratini namoyish etgan yana bir hodisa ekanligi uchun ham bugun dunyo matbuotidan tushmay qoldi. Buning o’zbeklarga, O’zbekistonga juda katta saboq bo’ladigan joyi bor.
O’zbekistonda mirshab dedingizmi tamom kayfiyatingiz buziladi. Amerikada esa xalq mirshab(police)larni hurmat qiladi, qadrlaydi. Chunki u hukumatning yoki prezidentning mirshabi emas, xalqning posboni. Albatta O’zbekistonda mirshablar ichida ham yaxshi odamlar uchragani kabi Amerikada ham mirshablar ichida razolatga botganlari topiladi. Besh barmoq birdek bo’lmagani kabi hamma narsaning ikki tomoni bor. Lekin demokratiyalarda masala borasida tarozining og’ir(ko’pchilik) tomoniga qarab xulosa qilinadi.
Gap bunda emas.
Avval voqeani muxtasar tarzda hikoya qilib beray.
Kunlarning birida Harvard Oliygohi professori qora tanli Geyts (Henry Louis Gates) safardan uyiga kelsa, eshigi ochilmaydi. U advokatining shoferi bilan eshikni buzadi. Buni uzoqdan ko’rgan qo’shnilardan biri Kambridje (Cambridge ) politsiyasiga sim qoqadi.
Tafsilot professorga ko’ra boshqa, politsiyaga ko’ra boshqa. Professor oq tanli serjant Krouli (James Crowley) uning uyiga kelishi va uni vaqtinchaga qamoqqa olishini qora tanli bo’lgani zug’um- irqchilik deya faryod soladi. Serjant esa uni qamoqqa olganida qora tanli mirshab ham o’sha erda bo’lganini aytadi. Amerikada politsiyaga bo’yinsunmaslik uchun ham qamoqqa olish mumkin. Xullas, gap kim haq, kim nohaqligida ham emas, zotan tekshiruv hali bitmagan.
Gap shundaki, voqeani butun Amerika Prezident Obamadan eshitdi. U Kamridje politsiyasini axmoqona ish qilganlikda ayblab, qoratanlilarga davom etib kelayotgan zug’umning bir ko’rinishi ekanligini aytdi.
Ma’lum bo’lishicha, irqchilikka qarshi nom chiqargan professor Geyts Prezidentning oshnasi ekan.
Yana ma’lum bo’lishicha, irqchilikka qarshiligi bilan tanilgan serjant Krouli qoratanlilarning yaqin do’sti va irqiy kamsitilishning dushmani ekan.
Prezidentning Matbuot konferentsiyasidagi chiqishdan keyin qoratanlilar irqchilik haqida chiqishlar qilib, serjantning iste’fosini so’ray boshladilar. Undan professordan kechirim so’rashni talab qilindi. U esa qonunlarni buzmgani, kechirim so’ramasligi, aksincha prezident o’zidan kechirim so’rashini talab qila boshladi. Uni boshqa mirshablar, (ularning orasida qora tanlilari ham bor) qo’llay boshladilar.
Hatto Obamani prezident qilgan so’lchi matbuot ham oyoqqa turgan edi va Prezidentning qovun tushirib qo’ygani soat sayin ochilib borardi. Ayniqsa uning olisdagi mahalliy voqeani umummamlakat muammosiga aylantirgani ko’pchilikka yoqmayotgandi.
Buni Obama ham tushundi, shekilli, shartta matbuot huzuriga chiqib ortga qadam tashladi. Men serjantga telefon qildim, u favqullodda a’lo darajali mirshabdir dedi. U endi voqeada har ikki tomon ham haddidan oshgan bo’lishi mumkin dedi. Lekin uning mirshab bilan suhbati sir turtildi. Mirshabning avzoyidan ma’lum bo’lishicha, u serjantdan uzr so’ragan. Bu endi qoratanlilarni g’azablantirdi. Prezident professorga ham telefon qilganini e’lon etdi. Har ikkalasini Oq uyga mehmonga da’vat qildi.
Agar O’zbekistonda shunday voqea yuz beranda serjantning o’rni Jasliqda bo’lardi.
Bu voqeada aslida professor serjantga rahmat aytishi kerak edi. Negami?
Bir kun qizimga chek yozib berib, bankdan naqd pul olishini aytdim. U bankka borsa, pul berishmabdi. Qizim avzoyi buzilib menga telefon qildi. Men bankka telefon qilaman deb tursam, bank xodimasi sim qoqdi.
-Qizingizga chek yozib berganmidingiz?
-Ha…
-Qancha summaga?
-Shunchaga…
-Lekin imzoingiz boshqa.
Shunda men xato qilganimni tushundim. To’lov cheklariga boshqa va muhim hujjatlarga boshqa imzo qo’yishim yodimga tushdi. Bu erda adashgan ekanman. Bank xodimasiga:
-Rahmat sizga, siz aslida bizni himoya qilayapsiz,- dedim.
Keyin qizimga ham unga rahmat aytib qo’yishini tayinladim.
To’g’rida, bittasi mening nomimdan chek yasab, pul so’rab kelishi mumkin.
Demak, bank xodimasi mening muhim hujjatlar uchun qo’yadigan maxsus imzoim bilan solishtirgan. Otasiga rahmat!
Yuqoridagi voqeada ham mirshab aslida professorning uyini asrash uchun kelgan. Professor safarda bo’lgan, kimlardir uning eshigini buzishgan. Kimdir politsiyaga sim qoqqan. Serjant professorning uyiga kelganda olim mirshabni xush qarshilab, hujjatlarini ko’rsatib, unga rahmat aytib yuborsa, olam guliston edi. Lekin u shunday qilmagan va serjant bilan janjal ko’targaan va baqirib chaqirgan… Bu yog’ini bilmayman, boshqalar ham bilmasa kerak…
Lekin qora tanli professor qora tanli prezidentni ham uyaltirdi.
Boshqacha aytganda uni oddiy serjant oldida tiz cho’ktirdi.
Yo’q, unday emas, aslida demokratiya prezidentni tiz cho’ktirdi.
Yo’q, unday ham emas, xato qilganini anglagan lider tiz cho’kdi…
Bu bilan Prezidentning obro’yi to’kilmadi. U demokratiyaga, xalq yo’liga bo’ysundi va bundan keyin bu saboqni unutmasa kerak.
Qani edi, Karimovdan tortib boshqa prezidentlar, qirollar, shohlar, amirlar… shunday qila olsalar…
Qani edi, o’zini lider deb yurganlar xatolarini mana shunday tuzata bilsalar…
Qani edi har birimiz xatoimizni mana shunday tuzata bilsak…
Demak, bizda bizni shunday qilishga majburlaydigan kuch yo’q! Kuchsizmiz! Juda ham kuchsiz…
Bugun dam olish kuni televizor ko’rib, ana shular haqida o’yladim…

IMKONIYAT

27 iyul, 2009 yil
Bugun ishga bormadim.
Kecha kechqurun Yusuf Jumaning ayoli Gulnora Oltieva telefon qilib BMTga xat yozmoqchi ekanligini aytib, shunday xatni qoralab berishni so’radi. Ertaga jo’nataman deb va’da berdim. Ammo ozgina tobim qochgandek edi va bir narsa yozishga holim bo’lmadi.
Bugun ertalabdan va’da qilingan xatni qoraladim-da havo olish uchun tashqariga chiqdim. Chunki ulug’ shoirimizning kechinmalarini men ham qaytadan yashagandek- ularni eslab, millat va mamlakat uchun kurashning oqibati nahotki doim shunday tugasa deb azobli o’ylar girdobida qoldim.
Har safar shunday, Yusuf Juma haqida bir narsa qoraladimmi, ezilib ketaman. Unga zolimning munosabati tushunarli, lekin zolimga qarshiman, millat tomonidaman, deganlarning munosabati tushunarsiz qolaveradi…
Tashqarida quyosh dunyoni yondirmoqda. Dunyo xuddi Jasliqqa o’xshaydi…
Buning ustiga uch kundir tuni bilan tinmay yomg’ir yog’di. Yozning jaziramasida yoqqan bunday yomg’ir havoning namligini oshirib yubordi va tashqarida yurish qiyin bo’lib qoldi.
O’rmonga tomon o’tdim. Bu erda yangi yo’l ochilgani uchun yiqitilgan daraxtlar o’rniga yangilari ekilgan. Tuni bilan yomg’ir yoqqaniga qaramay yana mashinada suv olib kelib, archasimon nihollar sug’orilmoqda. Bir kishi qovjirab qolgan nihol ostiga suv quymoqda. Unga gap qo’shdim:
-Bu butunlay qurib qolibdi, sug’orguncha sindirib tashlagan, yangisini ekkan yaxshi emasmi?
– Yo’q, bunga imkoniyat berish kerak,- dedi u.
Bu gapda katta falsafa bordek tuyuldi menga. Bu falsafani boshqa bir misol kuchlantirib turgandek edi.
Qaysi bir yili oldingi uyimiz oldiga bir tup gul ko’chati o’tqazdim. Lekin qurib qoldi va ochilish o’rniga barglarini ham to’kdi. Bir kun shoxlarini ushlab ko’rsam, qirsillab sina boshladi. Bir zumda sindirib tashladim. Tagidan qo’porib tashlamoqchi edim, nimadir bo’lib, yodimdan ko’tarilibdi.
Keyingi yil o’sha gul ildizidan qaytadan unib chiqdi va rosa gulladi. Shunda qo’porib tashlamaganimga mamnun bo’ldim.
Ona tabiat ana shunday doim bizni nimalargadir o’rgatadi. Faqat tabiat emas, atrofimizdagi odamlar ham…
Har qadamda yangi falsafa…

CHOYCHAQALIK  ISH

28 iyul, 2009 yil
Bugun ham ishga borolmadim.
Bizda uydan ishlash degan gap bor. Texnologiya asrida yashaganimiz uchun ba’zan shunday ham bo’ladi. Yomon tomoni bunday holda kun bo’yi kompyuterga bog’lanib qolasiz. Biror joyga chiqa olmaysiz.
Tanaffus olganimda hovliga chiqdim. Hovli katta. Lekin bir narsa ekishning foydasi yo’q. Hamma narsa do’konda, arzon va sifatli. Shuning uchun ko’m-ko’k maysa ekish odat.
Uch tun tinmay yomg’ir yoqqani uchun maysalarning bo’yi ikki qarichdan oshibdi. Mashinani ishga solib, o’rib chiqdim.
Bolalikda buncha joyni o’roq bilan bir kun o’rardik, bu erda esa bir zum…
Lekin o’rilgan maysalarning hidini yaxshi ko’raman. Shuning uchun hovlida ancha vaqt aylanib qoldim.
Keyin uyga kirib, ishlarimni bajarib o’tirsam, telefon jiringladi va vatandan kelgan Komil ismli ukamiz meni ko’rib ketmoqchi ekanligini aytdi. U bizni hali ham Vashingtonda yashaydi deb o’ylar ekan. Uyga taklif qilsak, kechqurunga bileti borligini va Portland shahriga uchib ketishini aytdi.
Men Amerikaga kelganimda Portland shahrida yashagandim. Bugun endi Portland bizdan juda uzoqda. Toshkent va Pekindek gap. Demak, Komil u yoqqa ketsa, keyin bir necha yilda ham ko’rishishga imkon bo’lmaydi.
Ishxonaga telefon qilib, ishni yarmidan uzdimda, yo’lga chiqdim.
Ma’lumki, O’zbekistonda “grinkard” o’ynab AQShda yashash va ishlash haqini qozonib kelayotganlar kundan kunga ko’paymoqda. Ularning orasida ziyolilardan fermerlargacha, olimlardan shoirlargacha bor.
Tanishimiz Komiljon ham shundaylardan biri. U siyosatdan uzoq. O’zbekistonda o’zining oshxonasi bor ekan, sotib kelibdi. Uni Vashington yaqinidagi yaxshi restoranlardan biriga taklif qildim.
U birinchi galda ovqatlarning narxiga qarab O’zbekiston bilan solishtirib chiqdi-yu:
-Qariyb bir xil-ku? Bu erda arzongarchilik ekan!-deya hayajonini yashira olmadi.
-Buning choychaqasi ham bo’ladi,-dedim men.
-U endi ixtiyoriy narsa bo’lsa kerak?
-Bizda ixtiyoriy emas. Majburiy holga kelgan. Egan ovqatingizning 20 foyizi atrofida choychaqa berasiz… Menyuda boshqa narx, to’laganingiz boshqa.
Inson fitrati qiziq. Biz talabalik yillarimizda tramvayga 3 tiyin berishga erinardik, ammo shu manzilga borish uchun taksiga uch so’mni sharaqlatib berardik. Qaytimini so’rab ham o’tirmasdik. Vaholanki, o’sha qaytimini tramvayga yigirma marta to’lash mumkin bo’lsa ham….
Ana shunday suhbatlardan keyin Komil Amerikada ishni nimadan boshlashini so’radi.
-Oz-moz inglizchangiz bor ekan, menimcha choychaqasi bo’lgan ishdan boshlashingiz kerak,-dedim.-Keyin qolganiga yo’l ochiladi.
-Choychaqasi nima ham bo’lardi,-dedi u hali O’zbekistondagi kayfiyat bilan.
-Eng yaxshi topadiganlar hozir choychaqa oladiganlardir!
-Yo’g’e? Choychaqa bersangiz ko’pi bilan 5-10 dollar berasiz…
-Kami bilan 5-10 dollar!
-Eng ko’p qancha bergansiz?
-Hmm… Masalan, yaqinda Andijonda o’lganlarni xotirladik. Restoranda 16 kishiga joy qildirgandim, o’zimiz, oila a’zolarimiz va do’stlarimiz bilan 30 ga etib qoldik.
-Demak ming dollar?
-Shu atrofda…
-Choychaqasi 200 dollar!-dedi Komil topag’onlik qilib.
-Ana siz ham amerikalik bo’ldingiz!-dedim kulib.
-Oshxonani shu erda ochish kerak ekan!-dedi u sevinib.
Keyin birdan o’ylanib qoldi.
-Ha sizni qo’rqitib qo’ydim, shekilli?
-Bilmasam, balki bu erda restoranlarga bormasmiz… yoki mehmonlarni doim uyda kutarmiz…
-Amerikaga xush kelibsiz!-dedim unga.
Chunki Amerikada uyda mehmon kutish restoranda kutishdan ham tashvishli ekanligini u hali bilmaydi-da. Yaxshisi bu haqda gapirmaslikni afzal bildim. Aks holda umidlariga soya tushishi mumkin-da!
Ovqatlanib bo’lib, men hisobni so’radim va u:
-Men to’lay qolay,- deb cho’ntagini kovlay boshladi.
-Siz mehmon, biz Portlandga borsak, Siz to’laysiz!.
Ofitsiant hisob-kitob qilib kelganda, Komiljon menga iltijo bilan yuzlandi:
-Bo’lmasa choychaqasini men to’lay!
Rosa kulishdik. Men unga izn bermadim. Cho’ntagidan chiqargani 20 dollarlik qo’lida qoldi. U negadir o’sha pulga qarab turardi. Menimcha, u choychaqalik ishga qiziqib qolgandek edi.
Esingizga keldi-a? O’zbekistonda kimlar choychaqali ish qilardilar va qanday yashardilar?
Esingizga kelmagan bo’lsa, ertaga gaplashamiz, nasib etsa, albatta!

BOSHINGGA NE KELSA, NAFSINGDAN KO’R!

29 iyul, 2009 yil
Kecha choychaqalik ish haqida gaplashayotgan edik. Bugun ham shu mavzuni davom ettiramiz.
Sovet davrida bir latifa bo’lardi. Bir kishi obkomning birinchi sekretari bo’lib kelibdi va qabul kuni eng avvalo ishsizlarni chaqiribdi.
-Qanday ish beray sizga?- deb so’rabdi u rus kishidan.
-Farqi yo’q, faqat oyligi yaxshi bo’lsa bas,-deb javob qilibdi u.
Keyin rahbar savolini o’zbekka beribdi.
-Farqi yo’q, minadigan mashinasi bo’lsa bas, galstugi va maoshini o’zim topib olaman!-deb javob qilibdi o’zbek.
Obkomning birinchi sekretari keyin navbat kutib turgan yahudiyga yuzlangan ekan u׃
– Akomillo, menga maoshli yoki mashinali ish kerak emas, qanday ish bo’lsa ham, faqat choychaqasi bo’lsa bas,-debdi.
-Bizda choychaqali ish bo’lmaydi-ku?
-Unday bo’lsa, biz kamtarin kaminamiz, birorta chaqali ish bo’lsin!
Shunda rahbar yordamchisiga chaqali ishlar ro’yxatini olib kelishni buyuribdi.
Poyafzal tozalovchi, suv sotuvchi, chiptafurush… Lekin hammasi band. Shunda viloyat rahbari׃
-Biror joyga kursi qo’yib beringlar, poyafzal tozalasin, bechoraning ro’zg’ori qimirlab tursin,-debdi.
Yordamchisining rangi-ro’yi oqarib ketibdi.
-Nima gap? Nega rangi ro’ying oqardi?
-Poyafazl tozalovchilarning joylari ikkinchi kotibga oid. Bu joylarni u kishi taqsimlaydilar va u kishining tirikchiligi shundan…
-Hmm…Bo’lmasa mineral suv sotadigan joylardan bittasini beringlar unga!
-Unda sizning ro’zg’oringiz nima bo’ladi?
Bunday latifalar bejiz va besabab emas edi. Chunki kunda kelib turgan chaqalar oltinlarga aylanib ketganini hamma bilardi.
Sovet Ittifoqidan Amerikaga ko’chgan yahudiylar bu erda ham ishning ko’zini bilishlarini ko’rsatdilar. Ular chaqali joylarda ishlab, tezda oyoqqa turib oldilar va endi ular katta-katta joylarning rahbarlari. Kelayotgan o’zbeklar esa ularning mardikorlari.
Bugun ishga kelayotib, ana shular haqida o’ylar ekanman, yodimga bir voqea tushdi.
Aprel oyining oxirida Los-Vegasga borgandik. Ilgari bu shaharni ma’naviy buzilgan shahar deb aytishardi. Ammo keyingi yillarda bu joy oilaviy dam oladigan maskanga aylandi.
Biz u erga asosan dunyoda tengi yo’q tsirk (Cirque du Soleil) teatrlarini tomosha qilishga borgandik. Bu tsirk-teatrlar ba’zan ko’chib yurib ham turli mamlakatlarda tomosha ko’rsatadilar. Ammo shundaylari borki, ularni faqat va faqat Los- Vegasda ko’ra olasiz, xolos.
Ularni ta’riflab bo’lmaydi, faqat tomosha qilish va insonning nimalarga qodirligini ko’rib, hayratdan yoqa ushlash mumkin.
Shu erda minglab odamlar oddiy ishlarni qilib, katta pul topib yuribdilar. O’zbeklar haqda gap ketsa, o’zbeklarni ham bilishar ekan. Bir er-xotin o’zbekistonliklar bu erda bir necha yil odamfurushlik bilan shug’ullangan ekanlar. Ya’ni o’z vatanidan qizlarni olib kelib, bu erda pullashgan. Bir kun qo’lga tushib, ikkalasi ham umrbodga qamalib ketibdi. Ular chaqani, choychaqani emas, birdaniga jaraq- jaraq dollarni to’plashni xayol qilishgan-da!
Shuni aytadilar, “Boshingga ne kelsa, nafsingdan ko’r!” deb.
Shu bilan kechagi gapga bugun nuqta qo’ysak bo’ladi.
Darvoqe, bugun juda bir qiziq xabar o’qidim. Keling, uni ertangi mavzuga “xamirturish” sifatida saqlaylik!

UZR, BUGUNGI MAVZU O’ZGARDI

30 iyul, 2009 yil
Bugun ish juda ko’payib ketdi. Hafta oxirlashaversa, doim shunday bo’ladi.
Kundalik yozishga ham qo’l tegmadi. Buning ustiga bugun Dilmurod Sayyidni o’n ikki yarim yilga qamashganini eshitib, juda xafa bo’ldim. Gapning ochig’i sud cho’zilganidan balki mustaqillik bayrami oldidan uni ham, Yusuf Jumani ham ozod qilishar degan umid bilan yurgandim. Hali ham bu umidimning bir bo’lagi o’lgan emas, balki umumavf e’lon qilinar va adl so’z sohiblari ozodlikka chiqarlar? Shunday deymanu, zolimning zulmidan qutulish oson emasligini o’ylab yana kayfiyatim buziladi.
Shu satrlarni bitib, endi sizga kecha va’da qilganim gapni yozaman deb tursam, huqushunos ukamiz Boburjon Xoliqnazar telefon qilib qoldi.
-Rizo aka haq gapni yozibdilar,-dedi u.
-Ha, Rizo Obid doim haq gapni yozadilar.
-Haqiqatdan ham kundalik qiziqarli bo’lib bormoqda…
Shu gapdan tushundimki, Rizo Obid kundaliklarim haqida nimadir yozgan. Boburjonning so’zlariga quloq tutib, ayni payda “Zamondosh” saytini ochsam, “Yangi kitob xamirturushi” degan maqolaga ko’zim tushdi.
Suhbatdan keyin maqolani o’qidim va bu mas’uliyatni yana ham oshirishni talab qilishini tushundim.
Quvg’indagi do’stim va ijoddagi safdoshimning oddiygina kundaliklarim haqida yozgan maqolasini takror o’qiyman:
“Taniqli adib Jahongir Muhammad Kundalik kitob sifatida e’lon qila boshlagani “Havzi qulqulum”ni avvaliga hajviy bir asarday qabul qilib, gapning ochig’i uni bekorchilikdan zerikkanda ermak uchun o’qiladigan asar deya hafsalasizlik bilan boshladim.
To’g’ri, asarda hazil-mutoyibaga mohirona yo’g’rilgan hayotiy lahzalarga ham o’rin berilgan, biroq keyinchalik “Havzi qulqulum” nomi o’ziga munosib chuqur mazmunli, o’qigan sayingiz mutoaladan o’quvchini toliqtirmaydigan g’oyat qiziqarli va ibrat oladigan jihatlari ko’p asarligini e’tirof eta boshlaysiz.
Kitobda hayotning hamma qirralari xuddi quyosh nurlari bilan yarq etib ko’rsatilganday sermazmun taassurot ola boshlaysiz.
Masalan asardagi muxolifat yo’lida butun umrini fido etgan Yodgor Turlibekov hayotining bir qatrasi aks ettirilishi insonning qandayxislatli bo’lishi muhimligi va o’sha qahramonga nisbatan esa iliq hurmat hissini uyg’otadi.
Tabiatni asrab avaylash mavzusi-yu undan ibrat olinadigan hayotda kishilarga imkoniyat berish kabi sabr hamda bag’rikenglik, yoki bankdagi “ishon, biroq hushyor bo’l” kabi falsafiy mulohaza hamda mushohadalar kishini bir tomondan o’yga toldirsa, ikkinchi tomondan “ha- ya, chindan ham shunday” deya hayot yo’liga ilk odimnida belgilashga yordam berishi mumkin asardan hayotiy yo’llanma, qo’llanma sifatida foydalansa bo’ladi.
Eng asosiysi asardagi qahramonlar bugungi kunimizda yashab turgan kishilardir.Ular orasida oddiy poyafzal tozalovchidan tortib to mamlakat Prezidentigacha bor.
Asar muallifi Jahongir Muhammad o’zi yozganiday har bir voqeada “xamirturush” me’yori saqlangan.Bu esa o’quvchilarda “Havzi qulqulum” asarini o’qiy turib, uning hech tugamay davom etishi istagini yuzaga keltiradi.
Asar haqida oddiy bir o’quvchi sifatida ilk taassurotlarimizni bayon etar ekanmiz, “Havzi qulqulum”ni o’qishni boshqa zamondoshlarga ham tavsiya etamiz, chunki u har bir kishining hayotida saboq beruvchi bir hamroh- do’st bo’lib xizmat qilishi aniq.
Jahongir Muhammadning yangi kitobi ham uning zamonaviy adabiyotdagi sara asarlari qatoridan o’rin olishiga shubha yo’q.
Rizo Obid (http://www.rizobek.ucoz.ru/news/2009-07-30-3570)

Rahmat do’stim Rizobek! Bugungi kabi ezilib o’tirgan paytda shunday iliq so’zlar aytganingiz uchun Yaratgan sizdan ajrini kam qilmasin!
Albatta, bundan keyin ham kundaliklar davom etadi va aytganingiz kabi bizning xatolarimiz va yutuqlarimiz, bizning ko’rgan-kechirganlarimiz hamda bilgan-bilmaganlarimiz kimgadir zarracha foyda keltirsa, kimdir bundan nimanidir olsa yoki o’rgansa – murod shudir. Agar shu murodga etsak, biz baxtiyormiz.
Demak, Rizo Obid bugungi kundalikning mavzuini o’zgartirib yubordi va kecha va’da qilingan narsani ertaga (albatta deya olmayman, chunki hamma narsa mening qo’limda emas, Egasining qo’lida va yana o’zgarishi ham mumkin-J.M.) yozishga harakat qalaman.

UNS

31 iyul, 2009 yil
Tilimiz juda boy. Bir so’zning bir qancha sinonimlari bor. Biz do’stlik degan kalimani ko’p ishlatamiz. Ammo ayni ma’noni yanada samimiyroq anglatadigan uns degan so’z ham bor. Bu ota-bobolarimiz hali “do’st” degan so’zni bilmaganlarida ham “uns” kalimasini ishlatganlari uchun ham samimiyroq.
Gapning indallosidan bugungi mavzuni anglab oldingiz-a? Mana bu o’qiganim qiziq xabar esa, uni yanada oydinlashtiradi.
Ikki kishi kasalxonada, bitta palataga tushib qolishibdi. Ular aslida bitta mahalladagi qo’shnilar ekan. Lekin bittasi ko’chib kelganda mashinasi yo’lni bekitib qolibdi va ikkinchisi politsiya chaqiribdi. Shu bilan oralariga sovuqlik tushib, gaplashmay qo’yishibdi.
Ikkalasi ham bir-birini taniganday bo’lar va bir-biridan nimadir so’ramoqni istar, lekin hech biri “chegara”ni buzishga azm qila olmas ekan. Shu zayl yillar o’tib ketaveribdi.
Nihoyat palatada “chegara” buzilibdi va ular gaplashib, aniqlasalar, ikkalasi ham 1960 yilda birgalikda, bitta uchqichda AQShdan Vetnam urushiga borishgan va bittasi yarador bo’lganda ikkinchisi qutqargan ekan…
Bu xabarni o’qib, juda qiyinchilik bilan topilgan do’stlarni juda osonlik bilan yo’qotish mumkinligi yodimga tushdi.
Bundan 4 yil oldin turli saytlarda, ko’proq muslimuzbekiston.com saytida Olimjon Toshniyozov va Millat Jumaevlar imzosi bilan rus tilida yozilgan, kuchli tahlilga ega bo’lgan maqolalarni o’qiy boshladim. Juda savodli yozilgan bu maqolalar O’zbekistondagi haqiqiy ahvolni demokratik qarashda tahlil qilib berar va sizni chuqur o’yga toldirar edi. Keyinchalik bildimki, Millat Jumaev imzosi bilan yozadigan yigitning ismi-sharifi Xudoyqul Hafizov ekan.
Ular bilan tanishdik, ular men boshqrgan Demokratik O’zbekiston Kongressiga a’zo bo’lishdi va birgalikda bizning saytga ham tahliliy maqolalar yozib yurishdi.
Kunlarning birida yarim tunda telefonim jiringladi׃
-Sizga qamoqxonadan telefon bo’lyati. Qabul qilasizmi? Qabul qilsangiz sizning hisobingizdan bo’ladi va albatta suhbat magnit lentasiga yozib olinadi,-kabi ogohlantirish eshitildi.
Soxta telefon qilish bilan pul oladiganlar haqida eshitganim uchun qabul qilmadim. Qolaversa, bunday telefon ilk bor kelgandi. (Keyinchalik ko’p kelgani uchun qamoqdan qilinadigan telefonni endi ajarta olaman.-J.M). O’shanda o’ylanib qoldim. Balki tanishlardan biri qamoqqa tushgan bo’lsa-chi? Ikkinchi savolga vaqt qoldirmay telefon yana jiringladi va qabul qilishimni aytdim.
-Assalomu alaykum… Jahongir aka, bu men Xudoyqulman… qamoqdan telefon qilayapman…
Uning ovoz titrayotgan edi. Men ham hayratda qoldim. Qamoq… Nega?
Gap shunda ekanki, Xudoyqul va Olimjon o’zlari bilan birga yashagan bir rus kishining tuhmatga tayangan ko’rsatmasiga binoan terrorizmda ayblanib, vahimalar bilan qamoqqa olinibdilar va ularni O’zbekistonga deportatsiya qilishmoqchi ekan.
Ular AQShga kelganda notanish kimsalarning gapiga ishonib, olgan hujjatlari soxta chiqqani o’lganning ustiga tepgan bo’libdi.
Xullas, darhol AQSh hukumati idoralariga, xalqaro inson huquqlari tashkilotlariga murojaat qilib ularni himoya qilishga kirishdik. Maqolalarini to’plab, tarjima qilib jo’natdik. Xalqaro tashkilotlar ularning himoyasiga advokat ham olishdi.
Endi mening telefonim har kuni jiringlaydi va׃
“Bu Stillvater, MN 55082 qamoqxonasi…” deb boshlanadigan ogohlantirishni eshitaman…
Xudoyqulning Vatanda umr yo’ldoshi, mitti-mitti bolalari qolgan… U oilasiga yordam qilib turgan… Kun ora sim qoqqan.. U yoqda ular xavotirda…
Bir ilojini topib, akasi bilan, keyin ukasi bilan aloqa o’rnatdik. Ularga ham qiyin. Har kuni mendan bir yangi gap eshitishni istaydilar. Qamoqdan yangi gap kelishi qiyin.. Kunlar, oylar o’tib boraverdi va Xudoyqul mening hayotimning ajralmas qismiga aylanib qoldi. Oilada ham o’tirsak-tursak uning bolalarini, qarindoshlarini gapiradigan, o’ylaydigan bo’lib qoldik.
Nihoyat dastlabki sudlarda ulardan terrorizm aybi olib tashlandi, ammo ularning immigratsiya qoidalarini buzganliklari ikkinchi ayb sifatida turardi. Lekin ishlari jinoyat sudidan muhojirat mahkamasiga o’tdi. Sud ularning ishlarini ayri-ayri ko’rib chiqishga oldi. Jumladan, Xudoyqul Hafizov 2006 yilning boshida ozodlikka chiqdi. Sevinchimning cheki yo’q edi. U mening qadrdon do’stimga aylanib qolgandi.
Bir kuni u saytlarga quyidagi xatni yozdi:
“Hammalaringizning xabarlaringiz bor, bundan bir necha oy muqaddam taqdir taqozosi va ba’zi munofiq shaxslarning say harakati natijasida men AQSh federal xizmati xodimlari tomonidan hibisga olingan edim.
Ushbu fursatdan foydalanib nihoyat ozodlikka chiqqanimni sizlarga xabar qilmoqchiman.
Albatta ortda qolgan 6 oy muddat hayotimdagi eng murakkab va baxtsiz davr bo’lsa kerak – deb uylayman. Inson o’zining haqligini va haqiqatni isbotlashi har doim va har qanday jamiyatda murakkab jarayon bo’lib kelgan va menimcha yaqin kelajakda shunday bo’lib qolaveradi. Lekin bunday sharoit bizni haqiqat uchun kurashishdan bezdirmasligi kerak.
Ushbu davr davomida o’zlarining beminnat yordamlari va maslahatlari bilan doim meni qo’llab-quvvatlab turgan Jahongir akaga fursatdan foydalanib alohida minnatdorchilik izhor qilmoqchiman. Nihoyat birgalikda qilgan harakatlar zoe ketmadi.
Yana bir bor mening taqdirim uchun xayrihoh bo’lganlaringiz va ma’naviy qo’llab-qo’vvatlab turganlaringiz uchun hammalaringizga o’z minnatdorchiligimni bildiraman.
Hammalaringizga sog’lik-salomatlik, baxt va omad tilab,
Hurmat va ehtirom ila,
Hudoykul Hafizov (maqolalarimni Milat Jumaev nomi bilan o’qib kelgansizlar).
03/24/2006″
Shundan keyin u bilan unsiy suhbatlar qisqa muddat davom etdi, oxirgi marta u bilan Nyu Yorkda ko’rishdik. Dorixonada ishlayotganini aytgandi. Bir kun men telefonimni almashtirganda undagi nomerlarini yo’qotdim. Shu bilan unsi barhamga yo’liqdik. Elektron adresiga bir ikki xat yozdim, javob kelmadi.
Olimjon Toshniyozovdan ham u qamoqdan chiqqandan keyin ikki marta xat oldim, javob yozdim va shundan beri jimlik…
Bugun qaerda ekan ular? Balki men yashayotgan shaharning bir chetida va men nafas olayotgan havodan nafas olib yurishgandir va men bundan bexabardirman?
…Dam olish kunlaringiz yaxshi o’tsin!

ORZU OROLLARI

2 Avgust, 2009 yil
Maktabda jug’rofiya darslaridan birida o’qituvchimiz rivoyat aytib bergandi. Unga ko’ra, payg’ambarlardan biri Xudoga murojaat qilib, u dunyo haqida avomga ishoratlar berilgani bilan ba’zi odamlarda shubha borligini va shuning uchun yordam qilishni so’rabdi.
Shunda Xudo butun atrofi shaffof suv bilan o’ralgan, bir tomonida tinmay olov qaynab turadigan, ikkinchi tarafida to’xtamay qor yog’adigan, uchinchi tomonida esa davomli yomg’ir quyadigan va to’rtinchi tomonida quyosh charaqlab turadigan bir joyni yaratibdi. Bu erdagi qushlarni, daraxtlarni, gullarni dunyoning boshqa joyida topish mumkin emas ekan. Xudo shu joyga elchilar yuborib, u dunyoning bir lahzasini ko’rganlarini odamlarga aytib bersinlar debdi.
Men o’sha kezlari maqola va she’rlarim gazetalarda chiqib turar va bunday gaplarga juda qiziqar edim. Balki savollarim sabab bo’libmi muallim bu joyning nomi Havayi (Gavayi) orollari ekanligi va u erga faqat jurnalistlar bora olishni aytgandi.
Shu-shu bu menning orzuimga aylangan edi. Turkiyada yashaganimda bormoqchi bo’ldim. Lekin Turkiya hukumati uchun biz begona edik. Hujjat berishmadi. Keyin Amerikaga kelganimda bu joy AQShning bir shtati ekanligini va borishim oson bo’lganidan, orzuim amalga osha boshlaganidan quvondim.
Ammo quvonchim uzoq cho’zilmadi. Oila a’zolarim bilan bilan birga bu orolarga borib bir oy sayohat qilishimiz 30 ming dollar atrofida ekanligini bilib, demak orzuim orzuligacha qolar ekan-da deb o’ylagandim.
Chunki topgan pulim, garchi ikki joyda ishlab, yaxshi topsamda uyga va bolalarning o’qishiga ketardi.
Bir kuni afg’onistonlik o’zbek tanishim:
-Bu erda har kim o’zi uchun yashaydi. Qizlarni o’qitmoqdasiz. Ular birovning mulki. Turmushga chiqdimi, qo’lingizdan ketadi. Siz pulni noto’g’ri joyga sarflayapsiz,- dedi.
Lekin bolalarni o’qitish va ularga oliy ma’lumot berish ham oruzimiz ekanligi va bu zehniyatni buza olmasligimni aytgandim, u jilmayib qo’ygandi. Darvoqe, iqtisod orqaga ketib, uning omadi ham orqaga tepdi. Qiyin ahvolga tushdi va buhrondan chiqish uchun Afg’onistonga tarjimon bo’lib ketdi.
Menga omad kulib boqdi desam bo’ladi. Qizlarimdan birini doktorlikka o’qitgandim, u bolalar doktori bo’ldi va bolalar shifoxonasida ishlay boshladi. U dastlabki maoshlarini to’plab, men orzu qilgan Havayi orollari sayohatiga yo’llanma sotib olibdi va buni mening tug’ilgan kunimga hadya qildi.
Shunday qilib, bolalikdagi orzuim 55 yoshga qadam qo’yganimda amalga oshadigan bo’ldi.
“Gugl”(Google)dan qidirib qarasam, Havayiga biz turadigan joydan mashina bilan yo’lga chiqilsa, sakkiz kun quriklikda va sakkiz kun kemada yurib etib borish mumkin ekan. Lekin uchqich 12 soatda etkazdi.
Agar xaritani olib, AQSh-Yaponiya va Avstraliya nuqtalarini birlashtirib uchburchak chizsangiz, o’rtadagi nuqtalar Havayi bo’ladi.
Tinch okeaning o’rtasida joylashgan Havayi sakizta orolchadan tashkil topgan arxipelagdir.
Garchi AQShning elliginchi shtati hisoblansada, bu erga kirishdan oldin deklaratsiya to’ldirish talab etiladi. Ya’ni bu orollarga biror bir hayvon, o’simlik, oziq-ovaqt olib barishingiz va olib chiqishingiz mumkin emas.
Men AQShning erkin fuqarosiman deb Havayi qonunlarini mensimay, mushugini olib borgan bir harbiy etti yildan beri sudma-sud sarson ekan. Mushuguni olib qo’yishgan va o’ziga har kuni 300 dollardan jarima solishgan.
Albatta, bu xabarni eshitgan odam tasodifan chamadonimga biror jonivor kirib qolmadimi deb ham bot-bot tekshiradi.
Davoqe nega bu qadar zulm?
Bu haqda keyingi kunlardan birida yozarman! Chunki bu erda vaqtni faqat yozish bilan o’tkazish ham aqlli ish emas. Chunki har daqiqa bitta yangilik, bitta mo”jizadan bexabar qolish mumkin-da!

“ALOHA!”…”MAHALO!”

8 Avgust, 2009 yil
AQShda har bir shtatning taxallusi bor. Masalan, Nyu Yorkni “Imperiya” (The Empire State), Virjiniani “Qadimgi hukmdor” (The Old Dominion) yoki “Prezidentlarning volidasi” (Mother of Presidents), Nevadani “Kumush” (Silver) deyishadi va hokazo. Ba’zilarining esa 4-5 tadan ham taxalllusi bor.
Havayini “Aloha” (Aloha State), “Tinch okeaning jannati” (Paradise of the Pacific) yoki “Kamalak” deb atashadi. Mashina nomerlarida esa rasman “Aloha shtati” deb yoziladi.
Aslida bu so’z Havayi tiliga oid bo’lib, ham “Salom” va hamda “Xayr” degan ma’nolarni tashiydi. Shuning uchun ham eng ko’p ishlatiladigan kalimadir.
Shu so’zni har qadamda bot-bot eshitasiz va o’zingiz ham beixtiyor takrorlaysiz.
Chunki bu so’z tabassum, xushmuomalalik va hurmat uyg’otadi. Bu xuddi “sim-sim” degan kabi sizga har qanday eshikni ochaveradi va har qanday mushkulotning kalitidir.
Bu so’zdan keyin eng ko’p ishlatiladigan ikkinchi qudratli kalima bu “Mahalo”dir. ”Rahmat” degani. Qaerga bormang quloqlaringiz ostida shu ikki so’z baland ovozda, o’ziga xos ifoda bilan takrorlanaveradi.
“Honolulu”- Havayining poytaxti. Bu shaharnig dunyo tarixida juda katta o’rni bor. Ikkinchi jahon urushining taqdiri bu joy bilan bog’liq va bu mavzu alohida to’xtalishga molik. Shuning uchun ham keyinga qoldiramiz.
Havayi poytaxtini tomosha qilishda bizni olib yurgan mashina shoferi mahaliy xalqdan bo’lib, keksa yoshda va ismi Napi. U o’z shahri tarixini juda ham yaxshi bilar va har bir voqeani o’ziga, avlodlariga, oilasi taqdiriga bog’lab gapirib berardi.
Modomiki bugungi hikoyamiz so’zlar bilan boshlangani uchun Napi amakidan eshitib, hayron bo’lib qolganimiz ba’zi kalimalarga to’xtalmoqchiman.
-Bizning bu orolimiznining nomi Ohu…
Bu so’z darrov diqqatimni tortdi. Xaritaga qarasam uning yozilishi Oahu- (Oahu) shaklida ekan. Lekin ikki unli ketma – ket kelganda birinchisi talaffuz qilinagani uchun Ohu deyilarkan.. Bu so’z hali xayolimdan ko’tarilmagan ham edi, Napi amaki qushlar haqida gapira boshladi׃
-Bu erdagi qushlarni dunyoning boshqa biror joyida ko’rmaysiz.
U shunday deb mashinani yo’l chetiga oldi va bizga xuddi o’zimizning bulbulga o’xshab ketadigan qushni ko’rsatdi va uning sayroqi ekanligiga urg’u berdi. Keyin׃
-Bu qushning nomi bulbul!-dedi.
-Nima?
-Bulbul!
Qiziqmasdan iloj qancha? Xuddi mo”jizani ko’rgandek qushni har tomondan tomosha qilamiz. O’zimizning bulbul-da! Lekin Tinch okeaning o’rtasida!
Napi amakining hikoyasi birdan hazin tus oladi׃
-Qushlarni hamma sevadi. Muhofazasi ham alohida e’tiborda. Masalan, Alalo degan qarg’a turi yo’qola boshladi. Bu tashvishning oldini olish uchun AQSh hukumati 14 million dollar ajratdi va bugun bu qushning turlari ham ko’payib qoldi. Lekin Havayida 1,3 million nafar odam yashaydi. Shuning uchdan bir qismi yaponlar va yana shuncha qismi amerikalik va evropaliklardir. Bu erda fillipinlar va xitoylar ham ancha. Lekin bir paytlar bu erning asl xalqi bo’lgan biz – bugun aholining arang bir foyizini tashkil qilamiz. Agar ana u kichkinagina odam tirik bo’lganda biz bunday yo’qolib ketmasdik.
U shunday deb saroy oldidagi haykalga ishora qildi.
-Bu shohanshoh Buyuk Kamehamehadir. U 1758-1819 yillarda yashagan va Havayi qirolligini qurgan. Oson bo’lmagan. Kuch ishlatgan. Qon to’kilgan. Juda ko’p odamlar o’lgan va shunday keyin ular kuch bilan bitta davlatga birlashtirilganlar…
Bu qirol haqida shunday afsonalar to’qilganki, uning taqdiri ettinchi osmon bilan bog’lab qo’yilgan. Uning bir nechta tug’ilgan kuni bor va hammasi bayram qilinadi. Havayini mustaqil qilamiz deganlar har yili uning haykali poyida mitinglar o’tkazishadi.
Lekin ilgari mutloq mustaqil bo’lgan orollar birlashtirilgandan keyin yakkahokimlik hukm surgan va qiroliyat emrilib bu orollar dunyo mamlakatlarining qo’lidan-qo’liga o’tib, oxiri AQSh mulkiga aylangan.
Meni o’ylantirgan narsa shu bo’ldiki, bundan 20 yilcha oldin O’zbekiston xalqi demokratiyani qabul qila oladigan darajada edi. Ammo o’tgan yillar davomida xalqning bu fitrati deyarli o’ldirildi. Bu ataylab qilindi. Mamlakat boshi berk ko’chaga olib kirib qo’yildi. Bugun zolim shohning o’rniga bitta demokratni o’tqazib qo’ysangiz, bu mamlakatning taqdiri nima bo’lishini hatto tasavvur qilish qiyin. Menimcha hamma zolimlar buni tushunganlar va o’zlaridan keyin ana shunday dahshatli manzarani qoldirganlar.
Kim biladi, balki Karimov ham o’zidan keyin haykallari qo’yilishi va uni “Buyuk” deb atashlari uchun zamin hozirlayotgan bo’lsa-chi? Uning xalq ahvolini emas, shaharlarni obod qilishgagina e’tibor qilayotgani ham shundan darak emasmi?
Sayohatda ham siyosatga o’tib ketdik. Nailoj, men ham kim uchundir zolim va kim uchundir qahramon bo’lgan Kamehameha haykali yonida suratga tushdimu yuragimda hazin bir savol o’rmaladi׃ Azal-azaldan zolimlardan keyin ularning soyasini ulug’lashni odamzot qaerdan o’rgandi ekan?
Alo-o-o-o-ha!

JUMA

14 avgust, 2009 yil
Bugun juda erta uyg’ondim. Hali saharlikka ham ancha bor. Balkonga chiqdim. Ummon guvillab turibdi. Ko’kda oydinlik alomatlari bo’lmasa ham bir-ikki kishi sohilda yuribdi. Bu erda uyqusi qochgan odam har tunda uchrab turadi.
Men esa ko’rgan tushimni o’ylab o’tiribman. Jumaga o’tar kechasi Yusuf Jumani tush ko’ribman. Balki uning o’g’li Alisherga sim qoqqandim va Jasliqdan biror xabar bo’lib-bo’lmaganini so’ragandim, shuni o’ylab yotgan bo’lsam kerak, deb o’ylayman.
Derazam ostida shovullayotgan ummonga termulib o’tiribmanu ko’z oldimdan ko’rgan tushim film kabi o’tmoqda׃
Yusuf Juma bilan Havayining Vaikiki sohillarida yurgan ekanmiz.
“Men ham sizni tug’ilgan kuningiz bilan tabriklamoqqa keldim…”
“Rahmat. Hali ungacha ancha bor… Jasliqni butunlay tark etdingizmi?
“Tark etaman…”.
“Esingizdami, Siz namoyishlarni boshlab yubormasdan oldin gaplashgandik. Alisher bilan birga edingiz. Uzoq gaplashdik. Mashrabni qutqardik, lekin Sizni qutqarishimiz qiyin bo’ladi” degan edim. O’shanda men Sizga “Yaratgan har kimga vazifa beradi, Sizga balki so’z aytish, yuraklarni va tafakkurlarni uyg’otish vazifasini bergandur? Balki namoyish qilib ko’chalarga chiqishni boshqalarning vazifasi qilib qo’ygandur? Balki siz so’zingizni erkin aytishingiz uchun hijrat qilishingiz kerakdur?” deganimda mendan biroz ranjigandek bo’ldingiz. Unday bo’lsa, oilangizni chiqarib yuboring, bu zulm ostida qolib ketmasin, dedim. “Bu gapni bolalarimga aytdim, lekin ular “Ota siz qaerda bo’lsangiz biz ham o’sha erdamiz” deyishmoqda, deb unamadingiz. Balki Siz haq edingiz o’shanda. Chunki men ham ketsam, kim qoladi, deb o’ylayotgan edingiz”.
“Ha. Hamma ketib qolaversa, kim kurashardi?
“Kurash… Nima uchun? ”
“Jahongir aka, shu savol sizdan chiqayatimi? Axir bu millat uchun biz kurashmasak kim kurashadi?”
“Lekin bu millat sizning yoningizda turmadi…”
“Butun millatni kurashchi bo’l deb ayta olmaymiz-ku?”
“Men ham ayta olmayman. Ammo bu millatning gullari-chi?”
“Bu gullar ham suvsiz qolib, so’ligan!”
“Mana Siz Karimovga “Ket!” deya bayroq ko’tardingiz, lekin Sizga hech kim qo’shilmadi.”
“Odamlarning bardoshi bitgan, zulmga qarshi bosh ko’taradigan kabi edi. Men plakat ko’tarib, ko’chama-ko’cha yurganimda ular menga qo’shilib ketishlariga umid qilgandim. Bo’lmadi.”
“Oddiy odamlarni qo’yib turing. O’shanda hatto “Ozodlik”, “Bi-Bi-Si”, “Amerika ovozi” radiolari ham o’zini chetga tortdi. Muxolifatman deganlar ham o’zini panaga oldi. Bu yoqda biz ularni so’qirlar deya ayblay boshlaganimizdan keyingina tamshanib qo’yishdi. Ta’na-dashnomli maqolalarni tinimsiz yoza boshlaganimizdan keyingina orada bitta xabar beradigan bo’lishdi. Baraka topsin, agar Rizo Obid meni qo’llab turmaganda, Nidoi Mazlum bo’lmaganda balki men ham charchab qolishim mumkin edi.”
“Mana hozir charachab qolganga o’xshaysiz. Shuning uchun keldim, nimagaligini bilmoqchiman”.
“Charchaganim yo’q… Endi boshqa ishlarga bel bog’ladim.
Bundan 15-17 yillar oldin Islom Karimov haqida gapirish, uni tanqid qilish jahannamga tushishdek gap edi. Muxolifatning mana-man degan tanqidchisi ham uning nomini aytishga qo’rqib, “Hukumat” deb tanqid qilardi. Men qatag’onlarga qaramay uni tanqid qilaverdim. O’shanda hatto radiolarda ishlaydiganlar menga “tuzini oshirib yuborayapsiz” deyishardi. “Tuzi oshgan” tanqidlarim bir nechta kitobga aylandi. Kimlardir ustimdan kulishdi. Kimlardir menga achinishdi. Lekin mening maqsadim bor edi. Odamlar ongiga “Mana bu odam tanqid qilmoqda-ku, biz-chi?” degan fikrni joylash edi. Albatta, Siz kabi jasoratli insonlar bilan birgalikda buni joyladik ham.
Keyingi bir necha yildirki, odamlar ochiq ismlarini yozib, Karimovni tanqid qiladigan, hatto uni oshirib so’kadigan ham bo’lishdi. Demak, qo’rquv sindromini sindirishda nimadir qila oldik.
Ikkinchisi, muxolifatning “daho”lari haqida gapirish mumkin emas edi. Gapirdingizmi, sizni ig’vogar, MXX xizmatchisi, xoin deb e’lon qilishardi. 1990 yillarning o’rtalarida ularni tanqid qilgan odamni-meni “millatning dushmani” deb atashgandi. Ya’ni o’zlarini millat deb bilishgandi. Ularni tanqid qilish-millatni tanqid qilish deb yozishardi. O’shanda men ochiq ismimni qo’yim yozardim va ba’zilar anonim tarzida fikr aytishardi. Uni ham mendan ko’rishardi. Bu sindromni ham sindirdik.
Mana keyingi yillarda ularni ochiq tanqid qiladiganlarning sanog’i yo’q. Demak, bu ham natija. Siz ham nafaqat Karimovni, balki muxolifat “daho”larini ham osmondan uzib, erga yopishtirganingiz uchun ular Sizning nomingizni unuttirishga harakat qilishdi. Asarlaringizni ko’rmaslikka oldilar. Harakatlaringizdan ko’z yumdilar. Lekin biz ularga baho berishni Sizning taqdiringiz bilan bog’lab qo’yganimizdan keyingina Yusuf Jumaning do’stiga aylandilar. Bugun endi Jahongir Muhammad yoki Rizo Obidning dashnomlarisiz ham ular Sizning nomingizni baralla aytishga majburlar. Aytmasalar xarob bo’lishlarini angladilar. Bu ham natija. Demak, nimalarnidir o’zgartirayapmiz.
Xuddi ana shunday yo’limizda davom etaveramiz. Bizni so’kishlari, kamsitishlari, bizga tuhmat, ig’vo yog’dirishlari mumkin. Bugunga qadar buni ko’p ko’rdik. Lekin oxir oqibat biz aytgan yo’lga kirdilar va kiradilar. Bitta asov otni qantarish naqadar mashaqqat, haliki bu inson!
Bugun bu kurash jabhasida Sizning o’rningiz sezilib qoldi. Jasliqni tashlab butunlay bu tomonga keling!”
“Butunlay kelaman, ammo sizlarni Vatanga qaytarib olib ketish uchun!”
“Men biz ijod ahlining vazifamiz lider bo’lish, prezident bo’lish yoki bayroq ko’tarib xalqni maydonga etaklash, deb bilmayman. Bizning vazifamiz odamlarni ana shularga ilhomlantirish, o’z kuchiga ishontirish va o’z haqqi uchun o’zi kurashishga o’rgatishdir. Bu liderlikdan ham, bayroq ko’tarishdan ham qiyin ish.”
“Dehqoncha qilib aytganda, har kim qo’lidan kelganini qilishi shart demoqchisizda!”
“Ha, gapning dehqonchasi shu! Har kim o’ziga yuklangan vazifani bilishi, idrok etishi va shuni bajarishi kerak demoqchiman”…
Yusuf Juma xayol surgancha ummonning Quyosh yorita boshlagan nurli ufqi tomon odimlaydi. Men esa birdan sergak tortaman va nega doim o’zim gapirdim, nega uni eshitmadim, balki uning menga aytadigan juda muhim gaplari bor edi va men bunga imkon bermadim, deb o’zimni qiynay boshlayman…
Bu-ku tushda. Zotan tushimda emas, o’ngimda ham shunday bo’ladi. Bu fitratimdagi xato ekanligini bilaman va tuzatishga uringanim bilan tuzata olmayman. Faqat gapirish emas, odamlarni tinglash, ulardagi fikr boyligini terib olish ham mahorat.
Nachora, hammaning ham kamchiligi bo’ladi, men ham mustasno emas!
Darvoqe, ertaga ummon ostiga sayohatimiz bor va yana mulohaza qilishga fursat bo’ladi.

UCHINCHI DUNYO

15 avgust, 2009 yil
Bugun saharlab sohilga chiqdim. Ummonga termulsangiz dunyoning naqadar kengligini his etasiz va inson fikrlashi ham shu qadar kenglikka talpinadi. Xayolimdan ajib gaplar o’ta boshlaydi.
Adolatli shoh o’zini o’ldiradi. Zolim esa atrofdagilarni. Adolatli shoh taxtda oz qoladi. Zolim esa ko’p. Juda qiziq-a? Adolatli shohni atrofidagilar o’ldiradilar yoki chetga surib tashlaydilar. Esingizdami, Abulfayz Elchibey qon to’kmayman deganda Haydar Aliev uning ustidan kuldi va bir fitna bilan adolatli shohni surib, taxtni egallab oldi. Ozarbayjon Alievlardan endi qutilishi amri mahol.
Ko’rayapsizmi, fikr ummonining tubiga boraversangiz tortaveradi. Uning tubi yo’q. Topolmay qiynalasiz, ezilasiz, balki yangi narsalar – “marvaridlar” toparsiz ham.
Yer yuzida yashaymiz. Ko’zimiz har kuni odamlarni ko’radi va eng ko’p odamlar haqida o’ylaymiz. Ular yo u yoqqa, yo bu yoqqa yuradilar, yuraveradilar… Ya’ni irmoq kabi oqadilar… Nari borsa daryo kabi. Ularga termulaverib, fikr ham irmoqqa aylanadi. Nari borsa daryoga !
Uchqichda uchganda ko’k yuzini ko’ramiz. Ammo uning kengligini tasavvur qila olmaymiz. Chunki unga tor joydan qaraymiz. Osmon ko’zimizga sig’may qoladi, qamashtiradi, charchatadi… Fikr ham charchoqdan uzilib qoladi.
Ummon esa boshqa. Uning shiddati bor. Fikrni uyg’otadigan zilzila – bu shiddat. Uning sasi bor. Fikrni uxlatmaydigan sas bu! Uning bag’rida hayot bor, dunyo bor! Uchinchi dunyo bu! Bizning dunyomizga o’xshamgan dunyo!
Balki shuning uchun ham olamning ko’p qismini ummon tashkil etadi? Bu uning buyukligidanmi yoki buyukligi uning kattaligidanmi?
Zero ummon tashlab ketgan joylargina bizning dunyo!
Bular xayoldan o’tayotgani bejiz emas. Chunki bugun hayotimda bugunga qadar yuz bermagan voqea bo’ladi. Ummon ostiga – uchinchi dunyoga sayohat qilamiz.
Ha, ummon ostini ko’rish odatiy emas. Ko’pincha g’ovvoslar va shu sohaning olimu mutaxassislariga nasib etadi bu. Harbiyda xizmat qilganlarning ham ayrimlari oylab suv ostida bo’ladilar. Biz esa quruqlikda sudralamiz. Goh u tomonga, goh bu tomonga…
Gapning indallosi, bizning yo’llanmamiz doirasida suv osti kemasi(Submarine)da Tinch okeani ostiga sayohat ham bor edi.
Bizni oldin Atlantis(Atlantis) kemasida ummonning o’rta qismiga olib borisharkan qulog’imizga quyishdi׃
-Suv ostidagi bosim va qon bosimi kabi tashvishlar ham bo’lishi mumkin…
-Uyingizdagidek gap…
-Havo sovutgichi ishlab turadi…
-Kema ichida o’zingizni yer ustidagi kabi his qilasiz…
-Ozgina suv osti bosimini sezishingiz mumkin, xolos…
-Ummon kasali-chayqalmani his qilishingiz mumkin va hokazo.
Keyin nimalarga rioya etishimiz haqida gapirishar ekan, shunday yonginamizda ummon ostidan “lo’p” etib, suv osti kemasi yuzaga chiqdi.
Suv osti kemasidagi odamlar narvondan ko’tarilib, bizning kemaga o’tishar ekan, bu yoqda sabmarinning muxtasar tarixini ham eshitasiz va asrlardir odamlar umon qa’riga tushib-chiqqanlarini bilib, tushib chiqayotganlarni ko’rib, ko’nglingiz taskin topadi.
Ilk bor ingliz olimi Vilyam Bourne suv ostiga tushadigan kema yasash mumkinligini 1550 yilda yozgan va qanday bo’lishini chizgan ham ekan. Shundan keyin odamlar bu g’oyaga qiziqib qolib, turli ko’rinishdagi suv osti kemalarini yasay boshlaganlar va harbiy maqsadlarda qo’llanganlar. Lekin bugunga kelib, oddiy odamlar ham bu kemalarda ummon ostiga tushib chiqmoqdalar.
-Qo’rqmanglar bugunga qadar 12 million odam tushib chiqdi va hech kimga jiddiy bir narsa bo’lgan emas!
“Jiddiy narsa” yuz bermagan bo’lsa ham sodir bo’lgan ekan deyishingiz aniq. Ammo Amerikani tanigan bo’lsangiz, bu gapdan darhol taskin topasiz.
Hech esimdan chiqmaydi, kelgan paytlarimiz edi. Tibbiy nazoratdan o’tishga bordik. Navbat mashina bilan yurakning suratini oladigan joyga kelganda qo’limga qog’oz tutqazishdi. “Tishim o’tgani” qadar o’qib ko’rsam, “agar bu erda o’lib qolsam, o’zim aybdor” degan joyiga qo’l qo’yishim lozim ekan. Qo’l qo’ymadim.
-Unday bo’lsa qabul qilmaymiz,- deyishdi…
Keyin “Bir hol yuz berib o’lsam, o’zimdan” degan satrning ostiga imzo chekishga o’rganib ketdik. Bunisi ham mayli. Do’xtir bir dori yozib bersa, bu doridan odam o’lishi ham mumkinligini aytib qo’yadi. “Davolaydigan bo’lsang, o’ldiradigan dorini nega berasan?” deydigan odam yo’q. Chunki bu qonun talabi, kelishi mumkin bo’lgan zararni aytib qo’yishlari shart. Televizorda bir dorini reklama qiladi va oxirida bu dorining jigarni chiritishi, yurakni infarkt qilishi, buyrakni ishdan chiqarishi kabi bir talay zararlarini sanaydi. Reklama qilganing nimasi-yu odamlarning yuragini hovuchlatib qo’yganing nimasi? Qonun talabi. Amri qonun-vojib!
Amaliyotga kirayotgan bemorga ham o’lishing mumkin, agar o’lsang duo o’qib qo’yish uchun mullami, ruhoniymi, ravinmi, kimni chaqiraylik deb ham qog’ozga imzo ottirishadi.
Ana shularni eshitib yurgan bo’lsangiz suv osti kemasida unchalik jiddiy bo’lmagan voqealar yuz berganini eshitib, parvo ham qilmaysiz.
Ammo kimdir “Rossiyada suv ostida kemasida 96 kishi o’lgandi”, deb qolsa javob tayyor:
-U Rossiyada…
Xullas, tomga qo’yilgan norvon kabi maxsus zinadan pastga tushib, joylashgach, xuddi 35 qavatlik binoning lifti bir zumda sizni olib tushgani kabi kema ham darhol ummon qa’riga sho’ng’iydi.
Quloqda ozgina bosim his qilmasangiz butun xayolingiz ummonda. Millionlab suzib yurgan rangli baliqlar.
Xayolingizda kechgan savolni uqqan kabi sayohatboshi gapirib turadi׃
-Bunaqa baliqlarni faqat va faqat ummon ostida ko’rish mumkin!
Birdan qiy chuv ko’tarildi. Nima gap? Ummonda ho’kizdek toshbaqalar suzib yurgan emish.
Keyin nomlarini umrimda eshitmaganim va eslab qololmaganim suv hayvonlari derazaning yonida aylanishadi.
-O’ngda suv osti darxti, bu faqat Havayida uchraydigan daraxt va unda sadaflar o’sadi!
Haqiqatdan ham qaerga bormaylik shu daraxtning suratini ko’ramiz. Hukumat idorasi bo’ladimi, restoran yoki do’konmi, Havayi suvenirlarimi, xullas, hamma joyda shu suratni ko’rasiz.
Darhaqiqat dunyodagi sadafning asosiy qismi Havayidan chiqar ekan.
Bizni ana shu daraxtdan qanday qilib sadaf olinadi va qanday qilib zumrad ko’zli taqinchoqlar tayyorlaydigan zavodga olib borishganda bunga o’zimiz ham iqror bo’ldik. Har biri bir necha ming dollar turadigan taqinchoqlardan mingta emas, o’n mingta emas, milliontasini ko’rganingizdan keyin tabiiyki bu joy-xazinayu sadaf bandargohi ekanligini anglaysiz.
Ummon ostiga sayohatni hikoya qilib berish qiyin. Menimcha uni yashab ko’rish kerak. Agar shunday sayohatga borgan bo’lsangiz yoki sizga ham nasib etib bir kun ummon ostiga tushsangiz, uchinchi dunyoni ko’rish tuyg’usi qanday ekanligini o’zingiz idrok etasiz.
Men esa hali keyinchalik ham uchinchi dunyo haqida, jumladan bu erda hatto ranglar rangini yo’qotishi kabi ba’zi narsalar haqida yozaman…

KAZINO

3 sentyabr, 2009 yil
Kitoblarimda Islom Karimovni qo’rquv boshqarishi borasida juda ko’p misollar keltirganman. Bu mustaqillikning ilk yillaridan boshlangan va huquq tartibot sohasi rahbarlari uni biror xabar bilan qo’rqitib, doim uch quyonni urib kelishgan. Bu bilan, o’zlarini ishlayotgan qilib qo’rsatadilar, shtat va maoshlarini oshiradilar va jamiyatni “yot unsurlardan” tozalab turadilar.
Buni Islom Karimov sezadi, ammo o’ziga ham ma’qul kelgani uchun sezmaslikka oladi. Uning bu odatini obdon o’rgangan Rossiya ham uni “aldash” evaziga ish bitirib keldi. Masalan, Andijon voqealarini demokratik G’arb tashkil qildi deya AQSh harbiylarini Xonoboddan quvdirishga erishgani kabi.
Toshkentda avgust oyida yuz bergan voqealar haqida turli xabarlarni bir joyga terib chiqsangiz, eski o’yin davom etayotgani va faqat hujumchilar almashganini ko’rasiz.
Bu voqealar yuz berganda men ta’tilda edim va kelib xabarlarni o’qib chiqib, uning parda ortidagi voqealarni ko’rgandek bo’ldim. Voqealar xuddi yaxlit filmga o’xshaydi va faqat xayolingizda unga “Bahorning o’t etti lahzasi” filmidagi musiqani qo’shsangiz shiddatliroq tus oladi…
Ezgulik: Press-reliz- №33, 12.09.2009)׃
-16 iyulida “Ko’kaldosh” madrasasi direktorining ma’naviyat ishlari bo’yicha o’rinbosari Abror Abrorov Sergelidagi uyi yo’lagida kuppa-kunduzi so’yib ketildi.
-31 iyul oqshomida Toshkent shahar Bosh imom xatibi Anvar Tursunov Yangioboddagi o’z hovlisida chavaqlandi.
-9 avgust kechasi O’zbekiston Ichki ishlari vazirligining Jinoyat qidiruv va terrorizmga qarshi kurash bosh boshqarmasi zobiti Hasan Asadovni xonadonida otib o’ldirishdi.
UzA.uz (18 August 2009):
O’zbekiston prezidenti bugun Oqsaroyda AQSh Qurolli kuchlari Markaziy Qo’mondonligi qo’mondoni Devid Petreusni qabul qildi…
Bu xabrda aytilmagan bo’lsada lekin uchrashuvda AQShning Toshkentdagi Favqulodda va muxtor elchisi Richard Norland ham qatnashgan edi. Saloldinroq Karimov AQSh Davlat Kotibining siyosiy masalalar bo’yichao’rinbosari Uilyam Byornesni qabul qilganida ham elchi hoziru nozir edi. INTERFAX.RU(24 avgust).
O’zbekiston Kollektiv Xavfsizlik Sharnomasi doirasida 26 avgustda bo’ladigan harbiy mashqlarda qatnashmasligini bildirdi. Ilgariroq O’zbekiston Rossiyaning Qirg’izistonda ochayotgan harbiy bazasiga ham qarshi chiqqan edi.
Harakat.net. (25 avgust)׃
Islom Karim Toshkent va Samarqanddagi yugurdaklarini noqulay ahvolda qoldirib, Surxandaryoga ot solibdi. Avvaldan belgilangan kun tartibi bo’yicha, Prezident Islom Karim bugun poytaxt markazidagi Forumlar saroyining, so’ngra Samarqand shahrida “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalining ochilish marosimida qatnashishi kerak edi. Lekin rejimboshi erta tongdan favqulodda qarorini o’zgartirib, Surxondaryoga ot solgan ekan. Toshkent va Samarqandda esa uning kelishiga mo’ljallangan tadbirlar rejasi barbod bo’ldi va xizmatkorlar o’ng’aysiz holda qoldi, deydi muxbirimiz.
Harakat.net. (28 avgust, 18:50)׃
Bundan ikki soat avval poytaxt markazida yangi qad ko’targan “O’zbekiston” forumlar saroyining ochilish marosimi o’tkazildi va unda Prezident Islom Karim ishtirok etdi. Diplomatik korpus, xalqaro tashkilotlar va jamoatchilik vakillari ishtirok etgan anjumanning dabdabasi kunning birinchi yarmidayoq boshlangandi. Saroyga yaqin “O’zbekiston” va “Le-meridian” mehmonxonalari, O’zbekiston Radio uyi va “Sog’lom avlod uchun” xayriya jamg’armasi, Xalqaro Vestminster universiteti binolari avval odamlardan tozalanib, poytaxtning Amir Temur xiyoboni qismida avtomobillar harakati to’xtatildi. Yon-atrofdagi barcha binolar ustida snayperlar, yaqin oradagi binolar yon-verida maxsus qurollangan otryadlar paydo bo’ldi. Favqulodda xavfsizlik choralari kuchaytirilgan mazkur ochilish marosimi aslida bundan ikki kun avval bo’lishi lozim edi. O’sha kuni ham atrofdagi binolarda ishlaydigan ishchilarga dam olish soatlari e’lon qilingan, to’g’rirog’i majburiy ravishda ish to’xtatilgandi. Lekin Islom Karim kutilmaganda Termezga ketgan va tashkilotchilar hammaning oldida o’ng’aysiz ahvolda qolgandi.
Uznews.net
O’zbekiston 1 sentyabrda Mustaqillik kunini nishonlash va poytaxt Toshkentning 2200 yilligi munosabati bilan 10 sentyabrgacha Qirg’iziston va Tojikiston davlatlari o’rtasidagi chegaralarini yopishga qaror qildi.
UzA.uz (29 avgust)׃
Islom Karimov Oqsaroyda AQShning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Richard Norlandni qabul qildi…
Uzmetronom.com (29 avgust)׃
Richard Norlandning kutilmaganda qabul qilinishi ortida turgan taxminlardan biri u O’zbekiston hukumatini ag’darishga uringan terroristik kuchlar haqida qandaydir ma’lumotni taqdim etgan bo’lishi mumkin.
Darvoqe, elchining AQSh bayroqlari hilpirab turgan mashinasi Oqsaroyni tark etishi bilan O’zbekiston IIV, MXX va Mudofaa Vazirligi maxsus kuchlari Toshkentning “Ko’kcha” masjidi tomon yo’l oladilar.
Gorizont.uz (30 avgust)׃
O’zbekiston Respublikasi IIV ga yaqin manbadan xabar berishlaricha, joriy yilning 29 avgust kuni taxminan soat 18.30 larda 1-shahar shifoxonasi atrofidagi “Ko’kcha” masjidi yaqinida O’zbekiston huquq-tartibot organlari tomonidan maxsus operatsiya o’tkazildi. Turar-joy massividagi ikki qavatli xonadonlardan birida tekshiruv o’tkazish chog’ida qurollangan ikki kishi aniqlangan va …otishma vaqtida har ikki jinoyatchi yo’q qilingan. O’sha manba ma’lumotlariga ko’ra, yo’q qilingan shaxslar so’nggi vaqtlarda Toshkentda sodir etilgan qator og’ir jinoyatlarga aloqador bo’lganlar.
Ozodlik.org. (01.09.2009):
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy saytida aytilishicha, Tashqi ishlar vaziri o’rinbosari Andrey Denisov O’zbekistonning Rossiyadagi favqulodda va muxtor elchisi Ilhomjon Ne’matovni qabul qilgan.
Rian.ru: (01.09.2009)׃
Islom Karimov respublika mustaqilligining 18 yilligiga bag’ishlangan tantanali tadbirda o’zini tutib tura olmay turgan joyida raqsga tushib ketdi. Avvaliga u yarim soat davomida stadion bo’ylab aylanib raqsga tushdi. Shundan keyin u zinopoyadan yuqoriga yugurib chiqdi va stadionning yuqori qismiga chiqib, elchi va boshqa diplomatlarni raqsga tushishga majbur qildi.
Yuqoridagilarga faqat shuni ilova qilish mumkinki, bu safar ham oldinlariyuz beragan kabi voqealar bo’sh joyda sodir bo’lgan emas. Telefon so’zlashuvlari va internet yozuvlari qayd etib boriladigan bugungi kunda hech bo’lmasa og’izda davlat to’ntarishi yoki inqilob qilishga urinadiganlarning harakatlari kimgadir qo’l kelishi turgan gap. Bu safar ham balkishundaylardan foydalanishgan bo’lishlari mumkin. Buni ham yaqin vaqtlardabilib olamiz.
Xullas, siyosat katta o’yin. Bu o’yinni bilmagan yoki yaxshi o’ynay olmagan odam unga kirmasligi kerak. Chunki raqibining o’yinchog’iga aylanadi. Bu esa qanchadan qancha odamlarning o’limiga yoki qamalishiga sabab bo’ladi.
Bizda siyosatni kazino deb o’ylashadi va “Albatta yutaman!” deb kirgan odamning son-sanog’i bo’lmaydi. Hamma yoq shovqin-suron. Bir tiyin– ikki tiyiyutib qolganga qarsaklar va baqir chaqirlar. Lekin millionlarni hov tepadagi qimorboz teradi. Avgust voqealari ham buning bir dalili.

AFG’ONBOSHI

19 sentyabr, 2009 yil
Kecha kechqurun “Si-En-En”(CNN)da Hamid Karzay bilan suhbatni ko’rdim. U ingliz tilini dari va pashtun tillari kabi biladi. Amerikada yashagan va demokratiyani ham ko’rgan. Ammo…
Yodimga bir voqea tushdi. Amerikaga kelib, bu erda o’n yil yashagan bir afg’onistonlik har kuni ertalab o’rmon-boqqa qatnar ekan. U bolalar o’ynashi uchun saqlab qolingan o’rmon-bog’ni hojatxonaga aylantirib yuboribdi.
Oxiri o’sha erda yashaydiganlar politsiyaga shikoyat qilishibdi.
Mirshablar undan?
-Uyingda hojatxona yo’qmi?-deb so’rashsa, u׃
-Bor, lekin uning ichida suv, bizga “suvga siyish mumkin emas” deb o’rgatishgan!-debdi.
Buning demokratiyaga aloqasi yo’q. Lekin zehniyatga aloqasi bor. Karzayning gaplarini eshitib, uning Amerikada yashab, demokratiyaning “d” harfini ham o’rganmaganini angladim.
Aslida AQSh hukumatidagilar uning nomzodini tanlaganda Afg’onistondagi turli guruhlarni o’zaro janjallariga aralashmay, bir chetda turganiga urg’u berishgandi. U hammani birlashtirish uchun yo’l topa oladi, deb umid etishgandi.
Lekin xato qilishgandi. Ular mintaqani bilishgandir? Lekin u erdagi odamlarning zehniyatini bilmaganlar.
Afg’onistonda aksariyat demokratiyadan qurol va pulni ustun qo’ygan. Shuning uchun ham ular o’tgan sakkiz yillik urush davomida demokratiyani emas, AQSh va dunyo bergan qurol hamda pulni oldilar. Ketgan qurollar va pullarni to’plasa, Himolay tog’lari qadar bo’ladi.
Taxtga mingan afg’on (xuddi shu mintaqaning butun tarixi davomida bo’lgani kabi-J.M.), xalqini emas, o’zini o’ylaydi. Unga demokratiya ham, din ham xalqni aldash uchun takrorlab turiladigan gap. Buni Karzay misoli ham ko’rsatib turibdi. Afg’onistondan butun dunyoda chiqadigan giyohvand moddalar savdosining boshida uning ukasi Ahmad Vali Karzay turadi. Buni bilmagan odam yo’q. AQSh gazetalarida hatto maxsus xizmatlarning bu boradagi hisobotlari ham e’lon qilingandi. Afg’onistonning o’zida ham uni “mafiyaning otasi” deyishadi.
Hamid Karzay g’irt yolonchi ham ekan.. U kechagi suhbatida o’ylamay-netmay “Butun afg’on xalqi mening ortimda, menga ovoz berdi, ammo xalqaro tashkilotlar menga tuhmat qilmoqdalar” deb aytdi. Axir Karzay hokimiyatining hududi sakkiz yil davomida Kobuldan nariga chiqqan emas-ku!
Agar butun xalq uning ortida turga bo’lsa, u holda uning raqibi Abdullo Abdullohga ovoz berganlar kim? Sakkiz yildan beri Karzayni “AQShning qo’g’irchog’i” deb unga qarshi urush qilayotganlar kim? Balki xalq deganda Karzay ham o’zini tushunadigan bo’lib qoldimi? Bu savollarning oxirgisiga ”Ha” deb javob qilish mumkin. Demak, bu diktator zehniyati, zolimning zehniyati. O’zini xalqning o’rniga qo’yish faqat va faqat xalqni bir tiyinga olmagan rahbarning ishidir.
Yana bir qancha omillar borki, ularni sanagan bilan hech narsa o’zgarmaydi. Lekin Karzayning “Bugun Afg’onistonda demokratiya g’alaba qildi” degan gapi juda kulgili bo’ldi. Menimcha, Afg’onistonda demokratiyaning “d” harfi ham yo’q. U erda hali ham qabila yoki urug’ boshlig’i nima desa, odamlar shuni qiladigan hol. Mahalliychilik hali ham eng yuqori nuqtada. Millatchilik irqchilik ko’rinishini olgan. Agar o’zbek yoki turkman degan so’zni aytsangiz, ulardan “vahshiy” degan javobni olasiz. Bu faqat Afg’onistonda emas, 20 yiladn beri chetda yashaydiganlar orasida ham hukmron bo’lgan muhit.
Bu yil avgust oyida o’tgan prezidentlik saylovida qariyb 6 milion odam ovoz beribdi. Xalqaro tashkilotlarga ko’ra, shuning bir millioni soxta ekan. Hammasini nazorat qilish uchun juda ko’p kuzatuvchi kerak edi. Buning iloji yo’q.. Ammo kuzatuvchilar bo’lgan hamma joyda soxtagarchilik ochiqdan-ochiq qilingani kuzatilgan. Hatto videoga olayotganini bilgan holda bir kishi dasta-dasta blyutenni saylov qutisiga tashlaganini oynai jahonda o’zim ko’rdim.
“Soxtagarchilik hamma mamlakatlarda bo’ladi va tekshirib chiqiladi. Bu demokratiya talabi. Lekin bu soxtagarchiliklar qayta saylovga asos bo’lmaydi. Zotan bizda qayta saylov haqida qonun ham yo’q,-” dedi Karzay mag’rur ohangda.
Mana sizga Afg’on demokratiyasi va mana sizga o’zini demokrat degan Prezident.
Mana sizga dunyoning sakkiz yillik urinishlari samarasi.
Ayni paytda televidenieda yuzini o’rab olgan boshqa bir kishi “Bizga bosqinchining demokratiyasi kerak emas. Demokratiya dinimiz dushmani! Demokratlar bizning dushmanimiz”, deb aytayotgan edi.
Vaholanki, agar uning gaplari samimiy bo’lsa, uning orzusiga etishtiradigan yo’l demokratiyadir. Mana shu oddiygina haqiqatni, mana shu oddiygina mantiqni anglay olishmaydi yoki anglab turib rad etishadi.
Demak, ular demokratiyani rad etish bilan o’zlarini ham rad etmoqdalar.
Darvoqe, “Si-En-En”da Hamid Karzay bilan suhbat davom etar ekan, ekran ostidan “yugurik” yozuv o’ta boshladi׃ “Afg’oniston poytaxtida kuchli portlash. Olti askar qurbon bo’lgan va kamida 40 kishi yaralangan…
Hamid Karzay esa, “Men demokratiya elchisiman, men tinchlik elchisiman”, deyayotgan edi…
Bu sizga nimalarnidir eslatmaydimi?
Ha, mintaqada yana bir Aliev, yana bir Karimov paydo bo’libdi. Uni afg’onboshi desakmikan?
Afg’ondan uzilib qolgan afg’onboshi…

HAYIT

22 Sentyabr, 2009 yil
Kecha Bobur Malikov bilan hayitlashib, unga tafakkurimda aylanayotgan bir gapni aytib berdim.
Har qanday yomon narsaning ham yaxshi, har qanday yaxshi narsaning ham yomon tomoni bo’ladi deganlar.
Bundan o’n yil oldin AQShga kelganimizda ilk hayitda bir ikki kishi sim qoqmagan bo’lsa, birov bormisan, yo’qmisan, deb so’ramagan edi. Bu juda og’ir botgandi o’shanda. Ayniqsa, Turkiyada hayitni o’n kunlab nishonlashga o’rganib qolgan bizlar uchun bu safar bayramni Amerikaning bir burchida, yolg’izlikda o’tkazish qiyin kechgandi-da.
Bugungi kun o’lchovi bilan qarasam, ana shu hodisaning ortida juda katta sho”la bor ekan.
Gap shundaki, oradan o’n yil o’tib, ikki kundirki, telefonlarim tinimsiz jirinlaydi, elektron pochtamdagi xatlarga javob berishga ulgurmayman.
Turkiyadan bir tanishimning o’g’li telefon qildi. Unga׃
-U erda qiynalmayasizlarmi, turklar ham jon-jigarlarimiz,-dedim.
-Qiynalish nimasi? Butun qishloq shu erdamiz. Bir hafta ish yo’q. Bayram qilayapmiz.
-Butun qishloq?
-Ha, qishlog’imizdan kimni sog’ingan bo’lsangiz hammasi shu erda…
Keyin Koreadan bir tanish telefon qildi׃
-Yolg’iz emasmisiz u erlarda?
-Butun shahar shu erda. Samarqanddan kimni ko’rmoqchi bo’lsangiz, shu erga kelavering!
Har besh daqiqada Nyu Yorkdan telefon. Hali u tanish. Hali bu qarindosh.. Telefonimning xotirasiga qarasam, kechadan beri bu shahardan telefon qilganlarning soni ellikdan oshibdi.
-Nyu York degan shahar qolmagan. Butun O’zbekiston shu erda. Bruklinga kelsangiz, ko’chalarda faqat o’zbekcha gapni eshitasiz,-deydi yaqinda yashil kard yutib kelgan bir jiyan.
Ayni mazmundagi gapni Madriddan, Moskovdan, Sank Peterburgdan, Astanadan telefon qilganlardan ham eshitaman.
Bir tomondan xursand bo’laman va ikkinchi tomondan yuragim orqaga tortib ketadi. Vatanda kim qoldi?
Ilgari yozganlarimda “Biz ketishga majbur qoldik, sizlar ketmangizlar” der edim. Ammo keyin bu fikrim eskirdi. Ularning ham yaxshi yashashga haqlari bor degan fikr oldingi qarashlarimni emirdi.
Buni Bobur Malikovga aytib bersam, u kishi avvaliga kuldi va keyin sukutga cho’mdi.
-Ayni hol menda ham,-dedi u.-Juda ko’plar bilan hayitlashmoqdamiz.
Ajab? Shu paytga qadar, kim bilan gaplashsak, “Birgalashib hayit qiladigan kunlarga etaylik” der edik. Farishtalar omin deganga o’xshaydi. Koshki ” Vatanda birgalashib hayit qiladigan kunlarga etaylik” desak bo’lar ekan.
Hali ham kech emas! Vatanda birgalashib hayit qiladigan kunlarga etaylik! Omin!

YO’QOLGAN SIMVOL

23 sentyabr, 2009 yil
Shu kunlarda vaqtim bo’lganda Dan Braunnig “Yo’qolgan simvol” degan kitobini o’qiyapman. Juda qiziq yozilgan va allaqachon uning oldingi asarlari kabi bu ham bahs-munozaralar uyg’otmoqda. Faqat sirli masonlargina emas, hatto hukumat ham bu munozara ichida. Jumladan, birinchi bo’lib, AQSh Markaziy Razvedka boshqarmasi bahsga qo’shildi, lekin kitobdagi faktlarni rad etmadi.
Zotan kitob shu idorning asrori bilan boshlanadi׃
“1991yilda bir hujjat MRB seyfiga qulflandi. Hujjat hali ham o’sha erda. Uning sirli matnida noma’lum yer osti joyi haqida gap boradi. Hujjatda jumladan, shunday ibora bor׃ Bu narsa o’sha orada ko’milgan…” .
Bu satrlarni avtograf o’rnida bergan muallif o’quvchini bir zumda kitobning ichiga boshlab ketadi.
AQShda har kimning o’zi borib turadigan yoki o’zi a’zo bo’lgan do’koni bo’ladi. Biz mana 10 yildirki, Kostko (Costco) degan do’konga a’zomiz. Hamma narsani shu do’kondan olamiz. Kiyim kechakdan oziq-ovqatga qadar. Mashinaning benzinidan balonlarigacha. Uyning tomidan garajning eshigigacha… xullas nima istasangiz bor. Ham sifatli, ham narxi yomon emas. Faqat a’zolik badali to’lab turasiz. U qadar ko’p emas. Uni ham xarid miqdoriga qarab qaytib beradi.
Men “Yo’qolgan simvol” kitobini ham shu do’kondan oldim. Oldimu o’sha joyning o’zida o’qishga boshladim. Lekin haligacha tugatganim yo’q. Vaqt etmay qolmoqda. Bugun ana shu haqda o’ylarkanman, rahmatli Ahmadjon Muxtorov yodimga tushdi.
Bu ulug’ zot haqida yaqinda Abulfayz Barotov va undan oldinroq Abulqosim Mamarasulov juda ko’p narsalarni yozgandilar. Bu odam kuniga 16-17 soat maqola yozardi va tahrir qilardi, keyin qayta-qayta o’qib ham berardi. Ana shu ishning orasida tinmay kitob ham o’qirdi. Hatto yarim tunda uyiga qaytayotganda yoki saharlab ishga kelayotganda ham mashinada qo’lida kitob bo’lardi.
Bir kuni xonasiga kirsam, odatdagidek kitob o’qimoqda. Bosh muharririmiz edi. Kitobni ma’lum bir joyga etkazishini kutmoqchi edim. U kishi o’qiyotgan sahifasida bitta barmog’ini saqlab kitobni yopgan bo’ldida, menga qaradi va׃
-Vatanabeni o’qiganmisiz?,-dedi.
-Yo’q,-deb javob qildim.
-Unda hozir qaysi kitobni o’qiyapsiz.?
Men shu yaqinda Anatol Fransning “Pingvinlar oroli” kitobini o’qib bitirganimni aytdim.
-Kim dedingiz?
-Jak Anatol Fransua Tibo…
-Bu ana u Gorkiyning tanqidiga uchragan yozuvchi emasmi?
-O’sha!
-Kitob nima haqida?
-Burjua inqiloblari haqida satirik tilda yozilgan asar. Dunyoga falsafiy nazar bilan qarashni o’rgatadigan kitob…
Ertasiga ertalab Ahmadjon aka mening xonamga kirib keldi va qo’lidagi kitobni stolim ustiga qo’ydi׃
-Men bitirdim. Navbat sizga.
Kitob yapon yozuvchisi Vatanabening “Issiq yomg’ir” degan asari edi.
Rahmat aytdim.
Keyingi kun Ahmadjon aka yana mening xonamga kirib keldi׃
-Vatanabeni tugatdingizmi?
-Ellik sahifasini bitirdim.
-Bunaqasiga ketmaydi. Kitobni bugun qaytarishingiz kerak edi. Bo’pti, ertaga olarman,-deb chiqib ketdi.
Ertasiga u kishi kirib kelganda men kitobni o’qib bitirganimni aytib, qaytib berdim. U kishi esa׃
-Buni o’qib chiqdim. Kuchli kitob ekan,-dedi Anatol Fransning kitobini ko’rsatib.-Endi Banopartning po’stagini qoqqan kitobini ham o’qimoqchiman…
Men bo’lsam, shu kunlarda o’qishga boshlaganim juda qiziq kitobni bitirishga vaqt topa olmayapman deb shikoyat qilib o’tiribman.
Ramazon bayrami kunlari bu odamning nomi bekordan bekorga xayolga kelmagan bo’lsa kerak? Zulmning qurboni bo’lgan Ahmadjon aka Muxtorovning joyi jannatda bo’lsin, O’zbekistonda bunaqa jurnalist, bunaqa ibrat sohibi yana qachon tug’iladi, faqat Xudoga ayon.

INOMJON TURSUNOV

25 sentyabr, 2009 yil
Bugun ertalab elektron pochtamni ochasam, sobiq deputat tanishimning maktubi va u mustaqillik uchun kurash yillarida topgan do’stlarimizdan biri-O’zbekiston xalq deputati bo’lgan Inomjon Tursunovning to’satdan olamdan o’tgani haqida yozibdi.
Vujudim larzaga keldi. Safdoshing, do’stingni yo’qotish har doim og’ir. Joyi jannatda bo’lsin! Tangri uni maxfirat aylasin! U millati uchun kuyib yongan kurashchi, adib edi.
Men Inomjonni 1990 yildan beri tanirdim. Ilk bor uni Islom Karimovni sessiyada prezident etib tayinlashayotgan kuni payqadim. Jussasi kichik bir yigit o’rtadagi mikrofon oldida oyoqda turib gapira boshladi. Uning qo’lida bir dasta qog’oz bor edi. Uning tovushi nozik bo’lsada o’sha kezda zalni titratib yuborgandi.
-Sizlar kimni prezidentlikka saylayapsizlar? Bu odam qo’shib yozishga aralashgan. Mana hujjatlari…
U juda katta raqamlarni ayta boshladi va Anishchev boshchiligidagi Moskva “desantlari” uni saqlab qolganini aytdi.
O’sha kezda bunday gaplarni aytish katta jasorat talab qilardi va ba’zilar uchun bu qo’rqinchli edi, shuning uchun ham zaldagi ko’pchilikning dami ichiga tushdi.
Raislik qiluvchi darhol mikrofonni o’chirdi. Inomjonning tovushi eshitilmay qoldi. U keyin prezidium tomonga qarab yurdi va qo’lidagi hujjatlarni raislik qiluvchiga uzatdi.
Ammo o’sha kunlari u turgan Toshkent mehmonxonasiga bostirib kirgan mirshablar uni do’pposladilar. Muttahamlikni qarangki, jussasi kichkina bu yigitni mirshablarni urdi deb ayblashdi. Ham g’arlik, ham peshgirlik!
“IAK” deb nomlangan hujjatli kitobimda Inomjon Tursunovning nomi juda ko’p marta takrorlanadi. Masalan׃
“…Keyinchalik Karimovning Qashqadaryo viloyat partiyasi birinchi kotibi bo’lgan paytida qo’shib yozish, ko’zbo’yamachiliklardan boshlab yana boshqa jinoyatlariga qadar hujjatlarni Oliy kengash hay’atiga taqdim etgan xalq deputati Inomjon Tursunov qamaldi”.
“…Farg’onalik deputat, dramaturg Inomjon Tursunovni Toshkent mehmonxonasida mirshablar do’pposlaganini eshitganimizda darhol qo’mitaning majlisini chaqirdik. Ammo Erkin aka:
-Bu masalaning bizga daxli yo’q, qonunchilik qo’mitasi ko’rishi kerak,-dedilar.
-Ular ham ko’rishsin, ammo biz ham o’z munosabatimizni bildirishimiz zarur,-dedim men.
Qo’mita to’planadigan kun Erkin akaning umr yo’ldoshi Gulchehra opa telefon qilib:
-U kishi kasal bo’lib qoldilar… akangizni ehtiyot qilinglar,-dedi.
Majlisga men raislik qildim va matbuot vositalaridan vakillar chaqirib masalani yoritishni so’radik. Lekin kechqurun televidenie ham, radio ham, ertasiga gazetalar ham qo’mita majlisi o’tgani haqida xabar bergan bo’lsalarda Inomjon Tursunov masalasini chetlagan edilar. Men Radiotelevidenie qo’mitasi raisi Ganja Yoqubovga telefon qildim:
-Erkin akam bilan gaplashsangiz bo’larmidi, kecha xabarni u kishining o’zlari tahrir qilib berganlar,-dedi u.
-Kecha u kishi ishga chiqqanlari yo’k-ku?!-ajablandim men…
-Buning uchun ishga chiqishning keragi yo’q, uydan turib ham ruxsat berish mumkin…,- dedi Ganja Yoqubov va kurashimiz oson kechmasligi haqida gapirdi hamda televidenieda “deputat minbari” ruknini tashkil qilish haqida taklif qildi. Shundan bildim-ki, u odam ham islohotlar tarafdori va xabarni tahrir qilish uning tashabbusi emas.”
Xullas, Inomjonni qamashdi. U bizning “Tashabbus” deputatlar guruhning a’zosi edi. Guruhimiz uning ozodligi uchun ko’p kurashdi. 1991 yildagi 7 –sessiyada ham bizni g’azabga keltirgan omillardan biri Inomjon Tursunovning olti oydan beri sudsiz-tergovsiz qamoqda yotgani va endi Shovruq Ro’zimurodovni ham hibsga olishgani bo’lgandi.
Inomjon bir necha yil qamoqda yotib chiqqandan keyin o’zi a’zosi bo’lgan “Erk” partiyasi ichida demokratiya o’rnatish uchun kurashdi. Keyin inson huquqlari faoli sifatida kurashini davom ettirdi. Iqtisodiy va siyosiy jihatdan juda og’ir kunlarni boshidan kechirdi.
Mana endi to’y qilib, elga osh beraman, deb yurgan kunlari uning yuragi birdan urishdan to’xtadi.
U jisman bizni tark etdi. Ammo uning ruhi bizning, millatimizning qalbida, xotirasida abadiy yashaydi. Chunki u shu millatning ozodligi, hur kelajagi uchun kurashgan pahlavondir.
Xalqning pahlavonlari abadiy!

PO’LATNING  MISI  CHIQDI

29 sentyabr
Bugun “Uzmetronom” saytida bir xabarga ko’zim tushdi. Unda yozilishicha, Samarqand viloyati va Samarqand shahrida bir necha yillar hokimlik qilgan Abdurahmon Po’latov (sayt uning ism – sharifini yanglish bergan u Po’lat Abdurahmonov-JM) AQShga qochib ketibdi. Uning ustidan ochilgan jinoyat ishi bo’yicha unga shu paytga qadar o’zlashtirgan pullarini qaytarib berish talabi qo’yilgach, u juftakni rostlab yuborgan.
Islom Karimov O’zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining birinchi kotibi etib saylanganda (tayinlanganda-J.M.) mazkur idoraning Mahalliy va Engil sanoat bo’limi mudiri bo’lgan Po’lat Abdurahmonov plenumda asosiy ma’ruzachilik qilgan. Rus tilida chiroyli gapiradigan bu chiroyli (“chiroyli” bu unga Islom Karimov bergan laqab-J.M.) odam Karimovni shunaqangi maqtaganki, hatto Islom Abdug’ani o’g’lining ko’zlariga yosh kelgan ekan.
Karimov hokimiyatga kelib, ilk qilgan ishlaridan bittasi Po’lat Abdurahmonovni maqtay-maqtay Samarqand viloyatiga rahbar etib tayinladi. O’sha majlisda men ham bor edim. U paytda “Sovet O’zbekistoni” gazetasining viloyat bo’yicha muxbiri edim.
Ko’p o’tmay saylov kampaniyasi boshlandi. Jomboyliklar O’zbekiston xalq deputatligiga mening ham nomzodimni ko’rsatishdi. Shunda “Obkom”ning ideologiya bo’yicha kotibi Farog’at Shukurova telefon qilib, Po’lat Majidovich men bilan uchrashmoqchi ekanligini aytdi. Bordim. Kabinetida MXXning viloyat bo’yicha boshqarmasi boshlig’i ham o’tiribdi. Quyuq salom-alikdan keyin Abdurahmonov menga׃
-Saylovda bizning ro’yxat bo’yicha Jomboydan boshqa odam deputat bo’lishi kerak,- dedi.
-Demokratiya… Agar sizning odam saylansa, men ham uni tabriklayman,-dedim.
Bu gapim ularga yoqmadi.
Men o’sha kezda gazetada kerak bo’lsa Abdurahmonovni ham, MXX rahbarini ham tanqid qila oladigan sharoitda edim. Chunki oshkoralik davri edi va biz jurnalistlarga erkinlik tekkandi. Shuning uchun ham Abdurahmonov׃
-U yoqda bosh muharriringiz bilan gaplashib qo’yishlari mumkin. Ishingizni yo’qotmang, yosh yigitsiz,- dedi.
Xullas, gapimiz qovushmadi. Abdurahmonov menga qarshi kurash yo’lini topgan bo’ldi. Jomboyda mening nomzodim ko’rsatilgan okrugdan yana uchta nomzodni ko’rsatishdi. Maqsadlari ovozlarni bo’lib yuborish va ikkinchi turda o’zlarining odamini g’alaba qozontirish edi. Buning ustiga “obkom”ning ikkinchi kotibi va tashkiliy ishlar bo’limi mudiri mening ustimdan uyushtirilgan shikoyatlarni tekshirish uchun Toshkentdan maxsus tekshiruvchilar taklif qilishdi. Tekshiruvchilar orasida faqat bitta o’zbek bor edi – o’sha kezda Markazkomda ishlagan Ahmadjon Meliboev. Qolganlari rus edi.
Keyin Markaziy televidenie Moskva – Toshkent teleko’prigi shaklida mening chiqishimni “Vremya” dasturida berdi. O’sha kuni Abdurahmonov menga telefon qilib, Karimov uni juda qattiq koyiganini va bu ishga nuqta qo’yish kerakligini aytdi.
Xullas, hech narsa qila olmadi. Men saylovning birinchi turida to’rt nomzod bo’lishiga qaramay 96 foyiz ovoz oldim.
Agar bugun Po’lat Abdurahmonovni AQShda uchratib qoladigan bo’lsam, unga quyidagi savollarni bergan bo’lardim׃
-1991 yilda men Karimovning “Bu xalqning onasini…” deb so’kkan gapini oshkor qilganimdan keyin menga qarshi tergov boshlangan va Samarqanddan Toshkentga bir kunda o’nlab qoralovchi telegrammalar jo’natilgandi. Shuni Karimov “Jo’nat?” deb buyruq berganmi yoki bu o’zingizdan chiqqan tashabbusmidi?
-1992 yil 3 yanvarda ERK partiyasiga ideologiya bo’yicha kotib va gazetaning Bosh muharriri etib saylanganimdan keyin Jomboyga menga qarshi uydirmalar tayyorlash, meni deputatlikdan chaqirib olish uchun iltimosnomalar tashkil qilish uchun o’rinbosar va mudirlaringizni o’zingiz yuborgan edingizmi yoki Karimov ularni yubor degan edimi?
-1993 yil 17 Aprelda meni qamashganda jomboylik otaxon va onaxonlar shikoyat uchun Toshkentga boramiz deb yo’lga chiqqanlarida ularni ushlatib, kaltaklatgan ham Karimovmidi yoki avtobuslarning oldini to’sgan “Volga”da siz o’tirganmidingiz?
-Mening qarindoshlarim, hatto 20 yil oldingi sinfdoshimni ushlatib, qamatib, tishlarini sindirishganda ham bu amaliyotga Karimovning o’zi rahbarlik qilganmidi yoki uning soyasi sifatida sizmi?
-Umr yo’ldoshim viloyat prokurori huzuriga borganda u “Agar men aralashsam, mening oilam ham sizning kuningizga tushadi” deganda siz nega o’sha prokuror yoki ayni gapni aytgan yordamchingiz kabi bo’la olmadingiz? Chunki siz mening umr yo’ldoshimga “Hali boshingga ko’p ish solamiz” degansiz. So’zingizda turdingiz, umr yo’ldoshimni ham sud qildirib, unga ikki yil jazo berdirdingiz. O’shanda u shu kunlar sening ham boshingga tushsin, degan ekan. Sizni shu qarg’ish tutmadimi?
-Siz Karimov ablah ekan, yaxshiliklarimni bilmadi deb yurgan ekansiz. Nahotki siz odamlarni qiyratish, oilalari bilan yo’qotib yuborishni yaxshilik deb bilasiz?
-Siz Samarqand ahliga juda ko’p zug’m qildingiz. Qachon gunohlaringiz uchun tavba qilasiz, janob Abdurahmonov! Qachon bosh egib xalqdan uzr so’raysiz! Balki sizni bosh egdirish uchun (agar AQShga kelganingiz rost bo’lsa) AQShning mahkamasiga tortishimiz kerakdir?

RAZOLAT
30 Sentyabr

Biz Turkiyadan Amerikaga kelganimizda axloqsizlik farqi yaqqol ko’ringani haqida ilgari yozgandim. Turk matbuoti va Istanbul hayotidagi ochiq axloqsizlikni Amerikada ko’rmaysiz. Ammo Hollivud bundan istesno. “Hollivud so’lchilari” bu erni ham razolat botqog’iga aylantirishga urinmoqdalar va Los Anjeles kabi joylarda bunga erishmoqdalar ham.
Shukrki, axloqsizlikka qarshi oldin qabul qilingan qonunlarni tag-tubi bilan qo’pora olmayatilar. Hozir butun boshqaruv ularning qo’llarida bo’lgani bilan xalq bunga yo’l bermayati.
Erkinlik niqobi bilan axloqsizlik razolatini qonunlashtirish g’oyasi Amerikaga Avropadan tashib kelinmoqda va singdirilmoqda. Amerikadagi saylovlar paytida butun Avropaning so’lchilari oyoqqa turishi ham shundan. Ularning maqsadlari Amerikada ham gomoseksualizm, lezbiyanlik, bachchavozlik, giyohvandlik kabi illatlarni erkinlik sifatida qonunan himoya qilingan qadriyatga aylantirishdir.
Buning yorqin misoli razolat imperiyasining teppasiga chiqqan kinorejissyor Roman Polanskiy voqeasidir. U yaqinda Shveytsariyada hibsga olindi va AQSh ga ekstraditsiya qilinishi so’ralmoqda.
Gap shundaki, bu “boylarning boyi” deb nom chiqargan kimsa AQShda yashab Hollivud razolatini sug’orib yurgan kezlari 13 yoshli qizni narkotik bilan mast qilib, zo’rlagan. Buni sudda o’zi ham tan olgan. Pullari va tarafdorlari qonun oldida ip esholmay qolgach, u AQShdan qochgan va Frantsiya fuqaroligini olgan.
Axloqsiz bu kimsa dunyoga axloqdan dars berib yurgani, aniqrog’i dunyoga axloqsizlikni yoyib yurgani kishini ajablantiradi. Unga hatto Oskar mukofotini ham berishgan.
Shu yilning 27 sentyabr kuni Shveytsariyaning Tsyurix shahriga ham u mukofot olishga borgan va AQSh tomonidan qidiruvda bo’lgani uchun ushlangan.
AQShda jinoyatning eskirish muddati yo’q. Ayniqsa, Polanskiy sodir etgan axloqsiz jinoyatni qonun kechirmaydi.
Meni hayratga solgani Andijon qatliomi kabi voqealarda oyoqqa qalqmagan Avropa axloqsiz kimsa uchun oyoqqa turdi. Frantsiya Madaniyat vaziri Mitteranga ko’ra, bu voqea Amerikaning qo’rqinchli yuzini namoyish qilgan emish. Tavba!
Bunga hatto Frantsiya prezidenti Sarkozi, ham qo’shildi va Obamadan o’z kuchini ishga solib, Polanskiyni avf etishni so’radi. Yana bir qancha mamlakatlarning rahbarlari, jamoat arboblari, inson huquqlari uchun kurashchilar ham bayonotlar bera boshladilar. Yusuf Juma, Mamadali Mahmudov kabi asl ijodkorlar uchun emas, axloqsizlik kuychisi uchun! Holivudda esa so’lchilarning namoyishlari va ularning Obamaga “Biz seni shuning uchun saylaganmidik” kabi hayqiriqlari…
Agar Obama bu razolatni avf etsa, bu uning sharmandai sharmisor bo’lganidir. Chunki kuchli qonun kuchsiz qonunga aylanadi. Qonunlar o’lkasining qadamba qadam engilishi boshlanadi. Ana o’shanda demokratiya degani AQShda ham axloqsizlik bilan teng bo’lib qoladi.

OZODA, GULNORA, RA’NO, MUQADDAS…

2 Oktyabr, 2009 yil
Har qanday ota o’z farzandlaridan biri uning kasbini qo’lidan olishini, undan keyin davom ettirishini istaydi. Ya’ni izdoshim bo’lsin deydi. Lekin bu narsa odamlarning, xalqning hisobiga, zarariga, el-yurt manfaatlariga zid bo’lmasligi kerak. Bunday holda bu o’sha kishining zalolatiga aylanadi.
To’rt farzandim bor va ulardan biri jurnalistikani bitirmoqda. Ya’ni mening izimdan bormoqda. Aslida men boshqalaridan kutgandim, lekin bunisidan keldi. Bunisi kuchli rassom bo’ladi deb o’ylardim. Chunki u chizgan rasmlar meni doim hayratga soladi.
U o’zining bu qobiliyatini ham chetga surmay kompyuter dizayni bo’yicha ham o’qimoqda. AQShda bitta oliygohdan birdaniga ikkita diplom olish imkoniyati bor. Bunday holdan ota sifatida faxrlanaman.
Lekin men prezident bo’lsam, buning ustiga xalq sevmagan rahbar bo’lsam va farzandlarimdan birini o’z o’rnimga tayyorlasam, bu mening qabih qobiliyat sohibi ekanligimni ko’rsatadi.
Xuddi mana shuning uchun ham Haydar Aliev degan nom men uchun qabihlik ramzidir. U odam hech qachon xalqini sevmagan. U xalqni qul, manqurtlar to’dasi deb hisoblagan. Shuning uchun o’z o’rniga bu to’dadan biror kishining chiqishini istamagan. U odam uning kirdikorlarini ochib tashlashidan, o’zining shayton ekanligi ochilib qolishidan qo’rqqan.
Garchi saylov bilan kelgan bo’lsada, men Bushni ham yoqtirmas edim. U otasi prezident bo’lgani uchungina shu mavqega erishdi, o’zining esa bu maqom darajasida qobiliyati yo’q deb hisoblardim. Kennedilar haqida fikrim salbiy bo’lgan va shunday qoladi. Ya’ni prezidentlik maqomi sulola ishiga aylandimi, buning Saudiya Arabistoni, Iordaniya, Suriya va boshqa yakkahokim mamlakatlardagi sulolalar tomonida ishg’ol qilingan boshqaruvlardan-zulmdan farqi qolmaydi.
Musulmon davlatlarida ko’p hollarda boshqaruv bitta oilaning izmida bo’lgan. Bizning zaminda ham asrlar davomida podshohlik va amirlik otadan bolaga o’tib kelgan va bu illat hali ham qonimizdan ketmagan.
Illat bor joyda undan qo’rquv ham bo’ladi. Bugun Gulnora Karimovaning kalta aqli bilan katta joylarni egallashi, Dariga Nazarboevaning o’tmas qalami bilan Qozog’istonni yakqalam qilishi xalqda qo’rquv o’yg’otgani bejiz emas. Bu o’sha eski kunlar qaytishi oldidan paydo bo’ladigan instinkt.
Mana endi bunga Tojikiston xumkallasi Imomali Rahmonning qizi ham qo’shildi. O’ o’z qizi-Ozoda Rahmon(ova)ni Tashqi ishlar vazirining o’rinbosari etib tayinlabdi. Agar otasi taxtda bo’lmaganda Ozoda kimningdir xonadonida ozodalik bilan band bo’lar edi. Uning qobiliyati haminqadar.
Agar bu uch ”malika”da haqiqatdan ham zamonaviy siyosiy qobiliyat, siyosiy iste’dod bo’lganda otalarining zulmiga zid dastur bilan chiqardilar, ularga muxolif bo’lardilar. Xalq tomonida turib, zolimning zulmini engib chiqsalar taxt ularga muborak bo’lsin der edik.
Darvoqe, bunga qarshi chiqadiganlar ham ko’p oramizda.
Otaning siyosatiga qarshi chiqish mumkinmi? Otang o’tirgan uyning tomiga chiqma deymiz-ku!
Gulnora, Dariga, Ozodalarning kaltabin otalari bir narsani o’ylamayaptilar, Sharqda To’maris kabi qo’rqmas, jasoratli ayollarni sevishadi va ularga ergashadilar, Gulnora, Dariga, Ozoda kabi bo’yab qo’yilgan qo’g’irchoqlarga emas.
Yana darvoqe… Bir paytlar “Bizda taxtga eshakni chiqarib qo’ysa ham unga bosh egishadi” deb yozgan edingiz, bular ham taxtga minishsa ularga ham bosh egib ketaverishadi, deyishingiz mumkin.
Gap shundaki, eshakda yuk ko’tarish qobiliyati va hangrash uchun ovoz bor. Bularda esa o’sha ham yo’q.

ZAR ZORMONDA

7 Oktyabr, 2009 yil
O’zini daho hisoblagan anqov bir “zot” mening tanishimga:
“Jahongirning qo’lidan nima ham kelardi, yozishdan boshqa” debdi.
Men hech qachon bu odamga rahmat aytgan emasman, lekin xuddi mana shu gapi uchun rahmat aytmoqchiman. Chunki u hech qachon hech narsani va hech kimni tan olmagan. U faqat o’zinigina tan oladigan odam. Dunyoning eng buyuklari ham u aytgan yo’ldan yurarmish, hatto. Har holda u shunday deb o’ylaydi. Shunday odam mening qo’limdan faqat yozish kelishini tan olgan bo’lsa, demak unga rahmat aytish shart-da!
Zotan, men doim har kim o’z qo’lidan kelgan ishni qilishi kerak, degan gapni aytaman. Mening qo’limdan kelgani yozish. Buni ba’zan qoyillatsam, ba’zan qoyillata olmayman. Lekin yozishni tashlamayman. Tashlagan kunim qo’limdan kelgan ishni qilmagan bo’laman. Agar hamma qo’lidan kelgan ishni qilmay qo’ysa, dunyo oltinchi palataga aylanib ketadi.
Masalan, O’zbekistonda Islom Karimovning qo’lidan kelgani pensiyaga chiqib, ko’k choyni ichib, xayol surib, yoshlarga maslahat berib yotish. 72 yoshli odamning qo’lidan boshqa nima ish keladi? Lekin u qo’lidan kelmagan ishni qilaman deb butun mamlakatni botqoqqa botirib o’tiribdi.
Uning qizi Gulnora qo’lidan kelmagan hamma ishni sinab ko’rmoqda. Ashula aytishdan model bo’lishgacha. Hatto Tashqi ishlar vazirining o’rinbosari ham bo’lib ko’rdi. Vaholanki, u qo’lidan kelgan ishni qilsa, ham o’ziga foyda, ham atrofdagilarga.Masalan, undan yaxshi magazinchi chiqadi. Uni ishga olgan do’kondor mazza qiladi. U ham yaxshi sotadi, ham xaridorni ko’proq topadi. Hatto ashulasini ming’illab ham xarodorlarning ko’nglini ovlashi mumkin. Lekin qayoqda…?
Yoki Bosh vazir deb aytiladigan Shavkat Mirziyoev bitta chorvachilik fermasini olib, faqat cho’chqa boqsa-ku, qoyillatadi. Ertadan kechgacha ashula xirgoyi qilib yugursa, ozgina “ves” ham tashlaydi va umriga umr qo’shiladi.
Bugun o’lib, ertaga tirilib turadigan Tohir Yo’ldosh ham qo’lidan kelmagan ishni qilaman deb olamni buzdi. Falonchini supurib tashlayman, pismadonchini yo’qotib yuboraman, dedi. O’zbekiston nima, butun Markaziy Osiyoni xalifatlashtiraman dedi. Lekin kimga foyda bo’ldi? Diktatorlarga.
Lekin ba’zilar birovni haqoratlamay, so’kmay, begunoh odamlarni o’ldirmay, jaholatga yuz tutmay qo’llaridan kelganini qilmoqdalar. Odamlarni ma’rifatga, tinchlikka, ilmga chorlamoqdalar. Bugun natijasi bo’lmasa, ertaga bo’ladi. U ham shunday qilishi mumkin edi, ammo…
Esimdan chiqmaydi, Ozarbayjonda 1992-1993 yilda odam qahat qolganday Iskandar Hamidov degan jangarini ichki Ishlar vaziri etib tayinlashdi. Elchibeyning demokratiya davri emasmi, muxolifatdan bittasi televizorda uni tanqid qila boshladi. Vazir televideniega bostirib kirib, muxolifini studiyada do’pposladi. U Elchibeyning demokratiyasini xalq nazdida o’sha kuni o’ldirgandi.
Mana Yusuf Juma qo’lidan kelgan ishni qiladi. She’r yozadi. Yozganda ham hama yoqni larzaga keltirib yozadi. Shuning uchun ham muxolif she’riyat tirik.
Xullas, misol keltiraman desa misol degan jonivor qalashib yotibdi. Ammo uni o’qiganlar topilar, lekin uqqanlar bo’lmaydi. Chunki ko’pchilik qo’lidan kelmaydigan ishni tutadi, ushlagan joyimdan uzaman deydi. Mana shuning uchun dunyoni rasvolik zarpechagi chirmab olmoqda.
Darvoqe, “pechak”ning oldida “zar” degan qo’shimchasi bor. Hamma gap ana shu zar zormondada.
Zar zormonda-zo’r zormonda!

YULDUZ VA YULDUZNI URMOQCHI BO’LGANLAR

9 Oktyabr, 2009 yil
Bugun Nobel qo’mitasining kulgili qarori haqida yozaman deb turgandim, qarasam Internet shunday ham bu boradagi tanqidiy fikrlar va mulohazalar bilan to’lib ketibdi. Ayniqsa, ingliz tilida yozadiganlar allaqachon hamma gapni aytib, Nobel qo’mitasi Tinchlik borasida Obamani g’olib deb e’lon qilishini savol ostiga qo’yib ulgurishibdi.
Demak, bayroqni ilib ketishibdi deb tursam, elektron pochtamga “Ezgulik” jamiyatidan xat keldi. Xatga Islom Karimovni maqtab qahramon bo’lgan va 1999 yil 16 fevral voqealarining ertasi kuni “Almatov, bularning boshini sapchadek uzib tashlang!” deb qo’lga olingan dindorlarni ko’rsatgan shoir Abdulla Oripovning oilasi bilan bog’liq pres-reliz ilova qilingan ekan.
Abdulla Oripovning yuqoridagi gaplari o’sha kezda O’zbekiston televideniesi orqali ham ko’rsatilgan va keyin 1999 yil voqealari haqida hujjatli filmga ham kiritilgan. Bu hujjatli film arxivimda saqlangan va ba’zan biror sabab bilan uni ko’rsam, xalq shoirining bu gapi menga Karimovning “Kerak bo’lsa, ikki yuz kishini otib tashlaymiz” degan hayqirig’ini eslatadi.
Darvoqe, gap boshqa mavzuda edi. Gap “Ezgulik” jamiyati yuborgan hujjat haqida. Unda jumladan shunday deyiladi׃
“Keyingi paytlarda hukumat amaldorlarining farzandlari sodir etayotgan qonunbuzarlig-u, jinoyatlar bilan bog’liq mish-mishlarga quloqlarimiz ko’nikib qoldi. Biroq yirik jamoat arboblari, yurish turishi-yu, xulqi bilan kishilarga ideal bo’luvchi shaxslarning farzandlaridan ola chiqsa g’alati tuyularkan. O’tgan yilgi relizlarimizda Qahramon shoirimiz Erkin Vohidovning o’g’li Xurshidning bir qator korruptsion jinoyatlarni sodir etganlikda ayblangani xususida aytgandik. Afsuski, gal elimizning ardoqli adibi Abdulla Oripovga kelgan ko’rinadi. Bir tomondan qonunlarimizda birov birovning aybi, jinoyati uchun javobgarmas, deyiladi, lekin baribir sharqlikmiz-da, farzandlarning noqobilligi odamga og’ir botarkan.
O’zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyatiga Abdulla Oripov tarbiyalagan qizning dastidan bir emas, ikki emas, naq 12 nafar fuqaro murojaat qildi. O’tgan yillardagini ham hisobga olsak, bu raqam 20 ning qorasini tortadi. Shikoyatchilarga ko’ra, shoirning taniqli telejurnalist qizi Yulduz Oripova ko’pchilikka firib berib, ularning pul va boshqa tovar moddiy boyliklarini aldov yo’li bilan o’zlashtiribdi. Buni qarangki, ofisimizga kelgan shikoyatchilarga ilk savolimiz “Abdulla akaga uchrashmadinglarmi?” bo’ldi. O’zlarini haqoratlangan kabi his qilgan shikoyatchilar “U kishi dardimizni eshitmadi ham, aksincha, uyidan haydab soldi” deyishdi. So’ng rasmiyatchilikka o’tildi, eshiting.
Yulduz Oripova o’zining Samarqand viloyati Bulung’ur tumani XTBga qarashi til o’rgatish markazi direktori Nodira Xo’jayorova vositasida Toshkent shahar Bobur ko’chasi 87/1-b-uyda yashovchi pedagog Shofozil G’oyibnazarovdan 25 000 AQSh dollari, Bulung’ur tumani Sohibkor f/y.da yashovchi Sa’din Ibragimovdan 8500 AQSh dollari, qibraylik G’anisher Irgashevdan 2000 AQSh dollari, chirchiqlik Muhabbat Dilovarovadan 2500 AQSh dollari (va hokazo) miqdoridagi pullarni talabalarni oliy o’quv yurtlariga kiritish bahonasi bilan olib, qaytarib bermayotir…”
Avvalo bu mavzuni ko’targani uchun “Ezgulik”ka rahmat. Modomiki, gap bizning o’zbekligimiz va axloqiy normalar haqida borayotgan ekan, shu hujjat bahonasida bir narsani aytmasdan ilojimiz yo’q.
Bugun ba’zilar pora berganlarning hammasini bechoralar deyishadi. Bechoralari ham bordur? Lekin falon-falon miqdorda dollarni topib bergan odamni bechora deyish qiyin.
Pora bermasa oliygohga kira olmaydi, hamma joyda faqat pora bilan kiriladi va ayb asosan pora oluvchilarda deydiganlar ham bor.
Lekin butun xalq pora bermasa, ular kimni o’qitadilar? Talaba bo’lmadimi, ular ishlaridan ayriladilar-ku? Qolaversa, pora bermaganga yo’l yo’q, degan gapga qo’shila olmayman.
1972 yil. Maktabni bitirish arafasi. Sinf kuratorimiz Zikriyoeva uyimizga kelib onamdan 300 so’m so’radi.
-Meni direktorimiz Badriddin Zayniev yubordilar. O’g’lingiz maktabning eng a’lochi o’quvchisi. Lekin “Oltin medal” uchun RayONO shuncha xarajati bor deyayotgan ekan,-dedi u.
Rahmatli onam rozi bo’ldilar. Ammo men janjal qildim. Chunki oilamizning ahvoli menga ayon edi. 42 yoshli onam kamqonli kasali bilan og’rigan va bu leykomiya saratoniga aylangan edi. Yilda olti oy kasalxonada davolanardilar.
Xullas, haligi pulni biz bermadik va baholari mendan biroz orqada bo’lgan sinfdoshim Rafiq Ahadov (u keyinchalik Yo’l qurilishi oliygohida o’qib, bu sohada ishlamadi, balki mirshab bo’ldi-JM)ning otasi beribdi. U doktor edi. Yaxshi topardi.
O’sha yili onam vafot etdilar. Biz iqtisodiy jihatdan juda qiyin ahvolda qoldik. Lekin men ToshDUga o’qishga kirdim. Rahmatli professor Ochil Tog’aev (asli qashqadaryolik-JM) bu erga “tankasi” bo’lmaganlar ham o’qishga kiradi, deb yozgan ocherkimni o’qib bergani esimdan chiqmaydi.
Demoqchimanki, pora bermasdan ham yashash mumkin. Shuning uchun menimcha, bundan keyin xalqimizga masalaning ana shu tomonini ham ko’rsatishimiz kerak. Ya’ni, poraxo’r, yaramas yulduzlar haqida gapirishimiz shart va ayni barobarida yulduzni urmoqchi bo’lganlar haqida ham so’z yuritish payti kelgan. Garchi bu ko’pchilikka yoqmaydigan mavzu bo’lsada…

ALIXO’JA… VALIXO’JA

15 Oktyabr, 2009 yil
Mana Obamaning AQSh prezidenti etib saylanganiga 20 kundan keyin bir yil bo’ladi. Nima o’zgardi?
1992 yil. O’zbekistonda demokratik muxolifat qatag’onga olingan payt. Bugun o’zini katta siyosatchiman deb yurgan bir kishi dunyo siyosatini suv qilib ichib yuborgan kabi tutib׃
-Yozib qo’ying! Bugun 1992 yilning beshinchi noyabr kuni. Bir kun oldin dunyo tarixida ulkan voqea yuz berdi. 12 yillik tanaffusdan keyin demokratlar hokimiyatga keldilar. Bill Klintonning AQSh prezidenti etib saylanishi bu dunyoda demokratiyaning g’alabasidir… , -dedi.
Inson birovning gapini qisqa payt tinglab turgach, orada xayoli bir zum bo’lsada mavzudan boshqa yoqlarga ketadi. Men o’shanda bu odam mendan ham chaqqonlik qilib men unga aytaman degan gapni menga aytmoqda deb o’ylagandim. Chunki men ham ayni shu fikrda edim. Bugun shu haqda o’ylasam, o’sha kezda naqadar sodda va dunyo siyosatidan naqadar uzoqda ekanmiz. Bu xuddi qamoqdagi odamning tunda tuynukdan ko’ringan yulduzni issiqlik deb mamnun bo’lgani kabi hol ekanligini o’shanda anglamaganmiz. Qarab tursam kecha ham, bugun ham o’sha hol.
Bush saylangan kunlarda u Rossiyaga bosim o’tkazadi, Karimovning ikki oyog’i bir etikka tiqilib qoladi, deb umid qilgan kim edi-biz o’zbeklar!
Obama hali saylanmasdan turib, uning O’zbekistonga tegadigan yordamini og’iz ko’pirtirib aytib, uning tarafdoriman deb jar solganlar kim edi- biz o’zbeklar!
O’zbeklarning Obama saylangandagi quvonchlari esingizdami?
U yog’ini qo’yib turing, Obamaga Nobel mukofoti berilganda ham unga telegrammalar yo’llagan va ana endi uning O’zbekistonga yordami tegadi deb quvongan ham biz o’zbeklar!
Agar Obamaning faqat gaplariga Nobel mukofoti berilgan bo’lsa, Bush ham gap aytishda undan qolishmagandi. Esingizdami, dunyoga demokratiyani yoyamiz deb millionlarni sarflagan Bush edi. Shu bahonada Ukraina, Gurjiston va Qirg’iziston kabi mamlakatlarda inqiloblar ham qilindi.
Obama saylov oldi dasturining besh-oltita masalasi bor edi׃
U prezident bo’lsa, 6 oyda Guantanamoni yopaman degandi. Keyin bu muddatni bir yilga uzatdi. Hali yopilmadi.
Xitoy xafa bo’ladi, deb Nobel mukofoti laureati Dalay Lamani qabul qilmay Oq Uy ostonasidan qaytarib yubordi, uyg’urlar haqida gap ham yo’q, Birmaning jallod harbiylari bilan esa aloqalarni tikladi.
Bir paytlar juda katta shovqin suronlarga sabab bo’lgan telefonlarni tinglash, elektron maktublarni o’qish, qiynoqlar qo’llash kabi holatlarga barham beraman degan edi. Ammo hammasi yashamoqda! Gullab yashamoqda.
Uning o’zi keskin tarzda tanqid qilib kelgan va inson huquqlarini cheklagan hujjat deb aytgan-“Patriot Akt” nomi bilan tarixga kirgan qonunning muddatini yana uzaytirishni Kongressdan so’radi va bu safar hech qanday janjalsiz bu hal etildi. Vaholanki, Bush paytida demokratlarning o’zlari bu hujjatga vaqtinchalik deb umr berishgan edi.
Iroqdan chiqib ketamiz deyilgandi… Hali Iroqda…
Afg’onistonda strategiyani mutloq o’zgartiramiz deyilgandi. Ammo mana bir yilki, Bushning yo’li davom etmoqda.
Obama barcha diktatorlar bilan ochiq dialog qilamiz va ularning ichki ishiga aralashmaymiz, degan edi. Ana shunisi bajarilmoqda. U Chavez bilan yuzma-yuz gaplashdi. Kubaga yo’l ochdi. O’zbekiston bilan inson huquqlarini chetga surgan holda muzokaralar yuritmoqda.
Kuni kecha Toshkentda bo’lgan AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari bo’yicha yordamchisi Robert Bleyk׃
-O’zbekiston o’z hududi orqali noharbiy yuklarni Afg’onistonga tashishga ko’maklashaëtgani va terrorizmga qarshi kurash amaliyotlarimizni qo’llab-quvvatlaëtgani uchun men O’zbekiston rahbari Islom Karimovga prezidentimiz Barak Obamaning minnatdorchiligini etkazdim,- deya baralla aytdi.
Menga xat yozgan bir yigit “Gap Obamada emas, gap Kongressda” deb yozibdi. Bushning oxirgi yillari Kongressda demokratlar hukmron edilar va bugun ham shunday. Bunday holat demokratlardan chiqqan Prezident uchun-jannat! Istagan ishni qila oladi.
Boshqa bir tanishim esa, ”AQShning siyosatini prezidentlar o’zgartira olmaydilar” deb yozibdi. Agar shunday desak, u holda Bushni oqlab qo’ygan bo’lamiz-ku! Nega endi AQShning siyosatini Bush o’zgartira oldi, lekin Obama o’zgartira olmayati? Balki Nobel mukofoti etishmay turgan edi, mana endi shuning kuchi bilan o’zgartiradi, deydiganlar ham topilmoqda.
Darhaqiqat, bunda jon bor. Shu mukofotni olishi bilan Obama geylar-ya’ni birjinsli juftlar anjumaniga bordi va ularga ham ayol-erkak o’rtasida qurilgan oila kabi imkoniyatlar berilishi uchun kurashda ular bilan birga ekanligini aytdi. Kongressdan birjinsli juftlardan qurilgan oilalarni ham an’anaviy oilalar bilan tenglashtirish va ularga barcha imtiyozlarni berishni talab qildi. Nobel qo’mitasida qaror olgan besh kishi yutib chiqdi, ularni saylagan Norvegiyaning so’lchi parlamenti ham yutib chiqdi. Amrikada o’zgarishlar boshlandi…
Yana bir tanishim “Obama qora tanlilarning vakili sifatida prezident bo’lganining o’zi Nobelga loyiqdir” deb aytdi. Unga yozgan javob xatimda agar shu mantiqdan kelib chiqadigan bo’lsak, u holda Nobel mukofotini unga emas, uni saylagan saylovchilarga berish kerak edi, dedim va u fikrimga qo’shildi. Lekin Obama qora tanlilarning vakili emas, uning ona tomoni oq tanlilardan. Kechagina ma’lum bo’ldiki, uning umr yo’ldoshi Mishel Obamaning ham katta bobosi oq tanli bo’lgan ekan.
Shuning uchun ham Obamaga qora tanlilarning vakili deb emas, qoni qorishib ketan Amerikaning timsoli deb qaramoq kerak. Bu erda irqning hech qanday ahamiyati yo’q. Bu erda mantiqning ahamiyati bor.
Yozilmagan kitobga Nobel berilgandan keyin bu kitobning yozilishini, chop etilishini kutishimiz va undan keyin bir xulosaga kelishimiz kerak.
Hozircha aniq bo’lgani׃ Bush Karimovning taxtdagi umri uzayishiga bilvosta hissa qo’shgan bo’lsa, Obama esa bevosita hissa qo’shmoqda… Ya’ni unisi diktatorlarni tan olmay, bunisi tan olib deganday!
Xullas, Alixo’ja-Valixo’ja!

QO’L O’PISH

16 Oktyabr, 2009 yil
Bugun bir xabarga ko’zim tushdi. Tojikiston Islom markazi qoshidagi Ulamolar kengashi ayrim namozxonlarning din peshvolari qo’lini o’pishiga doir ishini qoralab, qo’l o’pishni taqiqlash haqida fatvo beribdi.
Qizig’i shundaki, bu fatvoni sharhlagan Ulamolar kengashi rahbari juma namozlaridan so’ng ayrimlar ulamolarning qo’lini o’pishga urinishi oqibatida noqulay vaziyatlar vujudga kelayotgani uchun shunday qilishganini aytgan.
Biz doim o’zimizni o’zimiz tanqid qilamiz. Lekin maqtanadigan odatlarimizni payqamaymiz. Masalan, tojikistonliklardan tortib turkiyaliklarga qadar bizdan o’rgansalar bo’ladigan odatlarimiz ham bor.
Turkiyaga ilk borganimda, bizni milliyatchi harakat lideri Alparslon Turkash qabul qilgandi. Turk dunyosining har turli burchaklaridan kelganlar saf tortib, uning qo’lini o’pa boshladilar. Men unga yaqinlashganimda, hurmatini bajo keltirib, ko’rishmoq uchun ikki qo’limni uzatdim. U:
-Sen o’zbeksan!-dedi va meni bag’riga bosdi.
Demak, u bizda qo’l o’pish odati yo’qligini va hurmat qilgan odamni bag’riga bosish odati borligini bilar ekan.
Oradan bir necha yil o’tib, Turkiyada yashay boshlaganimizda, Qurbon bayramida Turk dunyosi vaqfining raisi Turon Yozg’on ko’p qatori bizni ham oilaviy tarzda bayramlashmaga taklif etti.
Turkiyada, ayniqsa bayramlarda kattalarning qo’lini o’pish avjiga chiqadi.
Men Turon Yozg’onga farzandlarimni tanishtirar ekanman, u olti yoshli qizchamga qo’lini uzatdi. Qizcham hayron (Men o’zim birovning qo’lini o’pmaganim uchun bolalarimga ham buni o’rgatmaganman-JM), uning qo’lini o’pish o’rniga ko’rishgan kabi ushladi.
-Ha o’zbek,-deb u qizchamning sochini silab qo’ydi.
Keyin Amerikaga kelganimizda, bu erdagi o’zbeklar orasida qo’l o’pish hollarini ko’rib ajablandim. Vaqt o’tishi bilan ko’rdimki, Turkiya orqali kelganlari ana shu odatni o’rganishgan ekan. Ammo qolganlarida yo’q edi.
Har qanday jihatdan olib qaralganda ham bunday odat insoniylikka zid! Bu shaxsga sig’inishning jirkanch bir ko’rinishi.
Demak, maqtaydigan, maqtanadigan asl zarlarimiz ham bor va birovning qo’lini o’pmaslik ana shulardan biri.
Hozir tumovning turli-tuman xillari ko’paygan va televideniening qaysi kanalini ochsangiz, xabarlarda shu haqda gap boradi. Xabar o’qilar ekan, qarshi choralardan biri sifatida qo’lni tez-tez yuvib turish va inson vujudiga yaqinlashadigan mikroblarning eng ko’pi qo’lda bo’lishini aytishadi.
Darhaqiqat, bizning ishxonamiz joylashgan binoga kiraverishda qo’lingizni artish uchun maxsus, nam salfetkalar qo’yilgan. Bor yo’g’i bir necha qavatdan so’ng idoramizga kiraverishda yana qo’yilgan. Salomatlik muassasalarining talabi shunday.
Bu ham ko’rsatadiki, qo’lni o’padiganlar ayni paytda iflos mikroblarga talpinadilar.

“MEN”LAR

20 Oktyabr, 2009 yil
Bugun bir narsani kashf qildim. Shu paytga qadar odamning ikki ”men”i bo’ladi -ichki ”men” va tashqi ”men” deb o’ylar edim. Bugun saharlab yo’lda kelar ekanman, ichki ”men” bitta emasligiga, balki inson tafakkuri ostida bir qancha ”men”lar borligiga ishonch hosil qildim.
Havo bugun sovuq. Kuz shunday bo’lsa, qish nima bo’lar ekan?
Ob-havoni eshitaman deb radio “qulog’i”ni burayman.
Obama ma’muriyatining muxolifat minbariga aylangan FoxTVga qarshi boshlatgan kampaniyasi haqidagi xabarlar. Xuddi o’zimizniki kabi hol. Yozganlari bizga yoqmagan saytlarni “shu ham sayt bo’ldimi, bu aslida sayt emas”, deb kamsitganimiz kabi hukumatning mana-man degan kazo-kazolari boshqa TVlarga chiqib, “FoxTV ham minbar bo’ldimi, u aslida xabar manbai emas”, kabi gaplarni aytib, uni obro’sizlantirishga urinishayotganini gapirishmoqda. Odam hamma joyda odam ekan-da!
Bu xabarlarni tinglar ekanman, tafakkurdagi ikkinchi ”men”ning diqqati yo’lda. Olti qatorli yo’l va minglab mashinlar… Tezlik soatida 120 km.dan yuqori. Bunday paytda ehtiyot bo’lmasangiz, bir turtki bilan osmonu falakka “uchib” ketish hech narsa emas. Bir marta “uchib” ko’rganmiz. Xudoning o’zi asrasin bunday “uchish”lardan.
Shunday sharoitda tafakkur ostida boshqa bir “men” odatdagidek she’riy misralar bitadi. Yonidagisi uni sharhlaydi, xulosalar yasaydi. Yana biri – Kotib. O’sha xulosalarni xatga tushiradi.
Mana bular ana shu Kotibning eslab qolganlari…
“Ko’zlaringga kirib uxlasam,
Sovqotmasmidim!”
Bu-sovqotgan odamning gapi! Mening gapim!
Bu-“ko’zlaring issiq – mehrli” demoqchi bo’lgan odamning gapi!
Bu-nega seni tashlab ketdim, sensiz hayotim muzlikka, sovuq vahshatga aylandi, degan darveshning gapi!
Bu- shoirning shunchaki ehtirosli satridir balki?
Axir biz, mazmun izlaymiz, mazmunsizlikdan!
Axir biz, mazmun topolmaymiz mazmunliklardan!
“Shuhratning tog’idan qulagan kuni
O’lgani uning!”
Bu-uning shuhrat topganiga ishora…
Bu-uning shuhrat cho’qqisiga etganidan darakdir balki?
Bu uning zolimga, yalang’och shohga, iqtidor kasaliga aylangani haqidagi shunchaki gapdir?
Balki, bu undan umidni uzing, u odamlik vodiysidan hayvonot o’rmoniga bosh suqqaniga ancha bo’ldi degan ishorat.
Lekin kimga foydasi tegadi bu gaplarning?
Kimning ham shuhrat tog’idan qulagisi bor?
Bo’lmagan tog’, bo’lmagan shuhrat!
Axir yolg’on emasmi, bu dunyo asli?
“Quyosh qanday bo’lsa, mohi ham shudir
Xalqi qanday bo’lsa, shohi ham shudir!”
Bu-xalqni Quyoshga benzagan insoning gapi!
Bu shohni Oy deya bezamoq istagi balki?
Balki, hamma aybni xalqqa yuklash kasali…
Balki, zolimdan engilgan qo’rqoqning bahonasi bu!
Qo’lidan ish kelmas kimsaning hikoyatidir?
Lekin Oy Quyoshdan nur olib zulmatni yoritguvchidir!
Zolimchi?
Xalqni zulmat bilan o’rab olguvchi!
“Kurashmoq istaysan maydon yo’q,
Garchi maydonga aylanib ketgan bu dunyo!”
Kurashmoqdan kurashga aylangan insonning nolasidir bu!
Kurashmasdan sahroga aylangan kimsaning sobit so’zlari!
Maydonda maydon izlagan so’qirning ayanchli holi…
Qilichsiz polvonning xayol yuhosi!
Ilinchsiz odamning ichki dunyosi!
Kurashmoq aslida yashamoq demak,
Demak yashamoqdan mahrum qolganmiz!
Shu erga etganda ichki ”men”-Kotibdan ko’chirmaga nuqta qo’yaman. Chunki u tobora umidsizlik tomon ketmoqda. Men esa umid sari yurib o’rganganman. Demak, ”men”larning ham farqi bor hatto!!

ZO’RDAN ZO’R BOR

21 Oktyabr, 2009 yil
G’irromlikda shimoldagi qo’shnisiga etib qolgan Hamid Karzay beburdlik va ikkiyuzlamachilikda ham ularga yaqinlashib qolibdi.
Kechagina saylovlarni “adolatni o’tdi, hammayoqni buzayotgan g’arbliklar, xalq mening orqamda” deb turgan Afg’onistonning g’ayriqonuniy bu prezidenti endi ikki oyog’i va boshi bilan bitta etikka kirdi. Tor kelsa shunday bo’ladi, deyishadi-ku!
Har holda uni bu mansabga qo’ygan generallar seni qaerdan topgan bo’lsak, o’sha erga jo’natib ham qo’yish qo’limizdan keladi, deb uning qulog’iga shipshitgan ko’rinadilarki, u saylovning ikkinchi turiga rozi bo’ldi. Bungacha u ko’nmay kelayotgandi va demak, uni zo’rlashdi! Zo’rdan ham zo’r bor-da!
Mana endi rozi bo’ldigina emas, hatto Afg’oniston saylov komissiyasining mamlakat prezidentligi uchun ikkinchi davra saylovlari 7 noyabrda bo’ladi, deb qilgan e’lonini qutladi ham. Yo, tavba!
Kechagina saylov haqiqat edi, bu haqiqat himoyasi uchun jonimni berishga tayyorman, deb turgan odamning komissiya qarori “qonuniy va konstitutsiyaga mosdir,” degani sizga kimni eslatmoqda? Ha, o’zimizning Aldarko’salarni!
2009 yilning 7 noyabr natijalari bo’yicha balki uning raqibi Abdullo Abdullo yutar? Qiyin masala. Balki uning o’zi qolar?! Buni vaqt ko’rsatadi. Lekin menga qiziq tuyulgani demokratiyaning “d” harfini ham o’rgana olmagan kimsalarning mana shunday turfa tuslarga kirishlaridir.
Nima bo’lganda ham Afg’onboshining boshini egishdi. Qolgan “…boshi”larning boshlari qachon egilarkin? Ularni egadigan kuch bormikan? Gap ana shunda!

NEGA MENDAN QO’RQADILAR?

27 Oktyabr, 2009 yil
Kecha kechqurun bir kishi telefon qilib, qiziq gap aytib qoldi. Ba’zilar mening “Ozodlik” radiosi o’zbek bo’limiga rahbar bo’lib qolishim(?)dan qo’rqib, uning oldini olish uchun maxsus xatlar tashkil qilib yurishgan ekan.
U shu gapni ayta turib:
-Nega sizdan bu qadar qo’rqishadi?- deb qoldi.
Unga javob berish o’rniga mavzuni boshqa tomonga burib yubordim. Lekin bu savol quloqlarim ostida aylanaverdi va javob qilish kerak degan xulosaga keldim.
-“Demokratiyaning so’nggi kuni”. Karimov tomonidan O’zbekistondagi demokratiya uchqunlarining o’ldirilishi.
-“Islom lashkarlari”. O’zbekistonda rejim tomonidan yaratilgan qo’rquv va terror ildizlari.
-“Oqsaroydagi qora ishlar”. Islom Karimovning sobiq qudasi Abdurauf Maqsudiy bilan suhbat.
-“Karimovning xalqdan yashirilgan sirlari”. Diktatorning sobiq kuyovi Mansur Maqsudiy bilan muloqot.
-“Qashshoq xalqning boy malikasi”. Gulnoraning sirlari.
-“Rivoyatdan qo’shiqqa”. Dadaxon Hasanning qo’shiqlari…
-“Yusuf Juma minbari”! Milliy shoirning asarlari-efirda!
-“Karimovni yaqindan bilganlarning xotiralari”.
-O’tgan yillarda yuz bergan qonli voqealarni nega MXXga bog’lashadi? Guvohlar va faktlar.
-O’zbekistonda yuz bergan voqealarda Turkiya va Rossiya maxsus xizmatlarining qo’li.
-“Zayniddin Asqarovni nega gapirtirishdi?” Parda orqasidagi gaplar.
Muxolifat jabhasi:
-Orqavorotdan emas , yuzma-yuz gaplashing. Mikrofonlar ochiq.
-Nega muxolifatni maqtasa-haqiqat, tanqid qilsa – tuhmat. Tahlil.
-Muxolifat ijodkorlarining erkin minbari. Siyosat va adabiyot.
O’zbek zehniyati:
-Nega birlasha olmaymiz?
-Nega maqtovga qulmiz?
-Nega tanqidga dushmanmiz?
-Nega…? Nega…? Nega..? Savollar va javoblar. Radioko’prik.
Men “Ozodlik”ka rahbar bo’lib qolsam(?), bular xamir uchidan patir… Chunki bularni allaqachon – “Amerika ovozi”da ishlaganimda “Ozodlik”ning yuzdan bir imkoniyati bilan amalga oshirganman. Boshliq sifatida emas, oddiy muharrir sifatida. O’shanda hamma bu radioni eshitadigan bo’lgani sir emas va hatto Karimovning o’zi ham “okean ortidan kelayotgan ovozlar” deb titroq ovoz bilan gapiradigan bo’lib qolgandi.
Men ketgandan beri bu mavzularning bittasiga ham qaytilgan emas.
Shularni ko’z oldiga keltirganlar agar falakning charxi teskari aylanib ketib(!), men “Ozodlik”ka borib qolsam(?), yuqoridagi mavzularga qo’shimcha:
-Saroy qullari. Ozod Sharafiddinov, Said Ahmad, Erkin Samandarov, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Xayriddin Sultonov kabilar misolida radiofel’etonlar.
-Saroydagi sirlarni u dunyoga olib ketmang. Jo’rabekov, Almatov, To’laganov, Yo’ldoshev, Ubaydullaev, Usmonxo’jaev, Nishonov, Xalilov va boshqalar bilan suhbatlar.
-Diktatorga sodiqlar. Mustafoev, Inoyatov, Mirziyoev kabilar misolida tahlil minbari.
-Postinglarda emas, radioringda jang qiling. Muxolifat namoyandalarining ochiq minbari. Jonli bahslar.
-Qanday dasturingiz bor va xalqqa nima berasiz? Muxolifman degan insonlarga erkin minbar.
-O’zbekiston tarixining o’chirilgan sahifalari. Guvohlarning kundaliklari.
-Karimov tomonidan o’ldirilganlar kitobi. Shovruq Ro’zimurodov, Toyiba To’laganova, Emin Usmon va boshqa minglab taqdirlar haqida.
-”Qamoqda chiritaman”. Bu gapning mualifi Karimov zindonga otgan insonlar qismati.
-”Kerak bo’lsa 200 kishining peshanasidan otaman!” Otilganlar ro’yxati.
-Bilmayin bosding tikkanni… Diktatorning diktator bo’lishiga va sahnada buncha yilar qolishiga kimlar yordam bergani haqida.
-Din demokratiyaga dushmanmi? Demokratiya dinga dushmanmi? Bahslar.
-Gulnoraning izidan… Bitta muxbirning Gulnora Karimovaning xorijdagi izidan yurishi va unga tinimsiz beriladigan savollari.
-Ikki yuzli siyosat. G’arbning Karimovga xushomadi va bunga omil bo’lgan sabablar.
-O’zbekning oltinlari qani? Iqtisodiy tahlillar.
Va hokazo va hokazo… shu kabi mavzularni ko’tarishim mumkinligini oldindan taxmin qila oladiganlar bor va shuning uchun ham uyqulari kelmaydi. Chunki bu mavzularni internet sahifalarida juda ko’p ko’tardim. “Ozodlik” esa bunga jur’at eta olmadi.
Menimcha ularning nega qo’rqishlarini ozgina bo’lsada javoblantira oldim. Boshqa gaplar ham bor. Bir kun mavridi kelganda ular haqida ham gaplashamiz.

TO’YLAR MUBORAK!

29 Oktyabr, 2009 yil
Kecha Jamshid Bek telefon qildi. O’g’li Turon Bek ertaga ikki yoshga to’ladi. Uni qutladik. Turonning haqiqiy bek yigiti bo’lsin!
Gap orasida Jamshid׃
-Bahodir akaning O’zbekistonga borishi haqida hatto uni ko’rarga ko’zi bo’lmagan “Ozodlik” ham yozdi. Lekin siz nega fikringizni aytmayapsiz?-deb qoldi.
Ungacha ham shu yo’nalishda bir necha maktub olgandim. Bugun ertalab elektron pochtamni ochsam, ijodkor do’stlarimdan biri “Buni ko’rdingizmi? deb Aliboy Yo’lyaxshiev yozgan maqoladan bir parcha jo’natibdi.
“Bilamizki, B.Choriev qochoqlik maqomi olgan buyuk mamlakatda, u bilan bir qatorda Muhammadbobir Malikov, Jahongir Mamatov va boshqa shular kabi o’zbekistonlik siyosiy jabhada taniqli muxolifat a’zolari yashashadilar. Nahotki Bahodirbek Vataniga qaytayotib o’shanday hurmatli vatandoshlari, yurtdoshlari hisoblangan kishilar bilan ham bir daqiqa so’zlashmagan, ularning oldidan o’tib, xayr-ma’zur ham qilmagan bo’lsa? Shunday bo’lganiga ishonib bo’ladimi? Shunday bo’lgandir deb ishonishga menda yurak urmaydi. Agar B.Chorievning hech bir shartsiz Vatanga qaytish qaroridan o’sha hurmatli kishilar xabardor bo’lsalar va hatto uning bu yurishini faqat sukut saqlash bilan (chunki sukut ham rizolik alomatidir) ma’qullagan bo’lsalar ham ular uni qo’llagan hisoblanadilar. Shunday bo’lgan holda, Amerikadagi o’zbekistonlik muxolifat a’zolarining hech bo’lmaganda bir qismining umumiy fikriga asosan B.Choriev vatanga qaytish qaroriga kelgan hisoblanadi. Demak, ana o’sha umumiy fikr nimaga asoslanganini ommaga ochiq tushuntirilsa yomon bo’lmasdi. Balki o’sha fikr haqiqatdan to’g’ridir, uni ommalashtirishga arziydigandir. O’sha Vatanga hech bir shartsiz qaytish fikrlari haqiqatan umumga foydali bo’lsa, nega unday fikrlar ochiq o’rtaga tashlanmaydi? Nega ulardan boshqalar ham foydalanish yo’li yopiq qoladi? Ammo ko’rib turibmizki, hozircha voqeaning o’shanday bo’lganiga hech qanday ishora yo’q. Demak, B.Choriev Vatanga qaytish qaroriga kelishida men yuqorida ismlarini tilga olgan hurmatli shaxslar hech bir shaklda aralashmagan degan xulosaga kelish mumkin bo’lmoqda”.(Yangi dunyo).
Darhaqiqat shunday. Bahodir Chorievning O’zbekistonga borishini undan emas, boshqalardan eshitgandim. U yo’lga otlanganda esa, elektron pochtamga Bayonoti keldi. Keyin uni Toshkentda ushlashdi degan gap tarqaldi. So’ng Internetda mana bu xabar paydo bo’ldi׃
“Kecha Qashqadaryodan yangi xush xabar oldik Bahodirjon ota-onasining uyida va uning uzoqdan kuzatish albatta borligi aniq, lekin kecha u mahallasidagi bir qarindoshining to’yiga ham chiqib ko’rgan. U bemalol qarindosh urug’lari va mahalladagi tanish bilishlar bilan muloqotda bo’lgan. Lekin mahalliy organlarning kuzatuvi baribir sezilib turgan. Men uning otasi uyidagi telefon orqali shaxsan o’zim gaplashdim. “Birdamlik” xarakat a’zosi Turlibekov Yodgor”. (Birdamlik).
Bahodirni qachondan beri taniyman?
Bundan besh yil oldin Moskvadan, Bahodir Chorievdan xat oldim. Ungacha uni shaxsan tanimas edim. Lekin radioda ishlaganimda “Toshkentda Bahodir Choriev degan qashqadaryolik bir fermer “Karimovning iste’fosini talab qilaman”, degan yozuvli futbolkani kiyib, metroga borganda ushlashibdi” degan xabarni oldim. Bu borada bir qancha eshittirishlar qilgandik o’shanda. Keyin uni kaltaklab ketishganda, o’g’li yo’qolganda ham Toshkentdagi muxbirlarimiz orqali bu masalani batafsil yoritib borgandik.
Balki shundan xabardor bo’lsa kerak-ki, u menga xat yozib, Amerikaga kelmoqchi bo’lganini aytgandi. Men unga hammaga aytadigan gapimni yozgandim: ”Agar ijtimoiy yordam olib yashamoqchi bo’lsangiz, Norvegiya yoki Shvetsiyaga boring. Amerikada tuzukroq yashayman desangiz, juda qattiq ishlash kerak”.
U ishdan qochmasligini aytib javob qildi.
Amerikaga kelishi bilan menga sim qoqdi:
-Ertaga yo’lga chiqayapman, borib siz bilan ko’rishib kelmoqchiman!
U umuman ingliz tilini bilmas edi. Biznikiga kelar ekan, yo’lda “yo’qolib qoldi”. Telefon qilmagan joyim qolmadi. Ma’lum bo’lishicha, u mingan avtobus yo’lda buzilgan va buning ustiga u men aytgan bekatda emas, boshqa joyda tushib qolgan ekan.
Uni amallab topib oldim.
-Men Amerikaga vaqtincha keldim. Bola-chaqalarni ham olib kelsam, keyin qaytib ketaman,-dedi.
-1998 yilda ayni gapni Abdurahim Po’latov ham aytgan edi. U “2000 yilda qaytaman” degan edi, ammo men unga qaytmaysiz, hali salom beraman, degan edim, mana haliga qadar qaytgan emas, qaytmaydi ham,-dedim.
-Ammo men to’rt yilda qaytaman!-dedi Bahodir.-Oilamni olib kelib, tinch joyga jolashtirsam, bas, qaytaman!
-Juda nari borsa, vaqtinchaga borasiz, ammo ortga qaytib kelasiz yoki qaytarib yuborishadi,-degandim men.
U dehqonchilikni, biznesni balki yaxshi bilar, ammo siyosatdan xabari yo’q edi. Men unga ko’p narsani tushuntirishga urindim. Ba’zilarini oldi, ba’zilarini olmadi. Juda ko’p ishni xom qildi.
Masalan, u har bayramda namoyishlar qilayapmiz, falon joyda falon ming odam chiqadi, kabi bayonotlar berganda, bu yolg’onchilik, bu hukumatga foyda, desam, u “Bu narsa tashkilotni tanitishiga yordam berishi”ni aytardi.
Yoki, bir necha yil oldin xorijiy radiolarga qarshi ochlik qilib, Vashingtonga kelgandi. Men unga buning foydasi bo’lmasligini tushintirishga juda ko’p urindim, ammo u qabul qilmadi. “Sizdan bitta iltimosim, menga inglizchada shior yozib bersangiz, bas” deb oilasi bilan kelib, ochlik boshladi. Men noqulay vaziyatda qoldim va uni qo’llab turishga majbur bo’ldim.
Uning boshqa bo’sh ishlari ham ko’p edi. Masalan, pul bilan hamma narsani qilish mumkin deb o’ylardi. Hamma biznesmenlar ham shunday deb o’ylaydilar. Lekin dunyoda shunday ishlar borki, tog’day pulning ham kuchi etmaydi, siyosat bilan hal qilish mumkin.
U muhojirlikni ham biznesga aylantirib yubormoqda, degan xabarlar kela boshlagach va u DO’K bilan faoliyatini uzib qo’ygach, uning nomini DO’K faollari ro’yxatidan chiqardik. Buni uning yuziga aytdim va birga harakat qila olmasligimizni ta’kidlab, orani uzdim.
Yillar o’tib, Yusuf Juma oilasi AQShga kelganda, Gulnora Oltieva:
-Bahodir mendan “Opa bizni yarashtirib qo’ying” deb iltimos qilmoqda,-dedi.
Men unga bizni kimdir oraga tushib yarashtiradigan darajada urishmaganimiz, uning xatolari uchun orani uzganimni aytdim.
Ko’p o’tmay Bahodir telefon qildi va mendan uzr so’radi.
Shu bilan telefonda gaplashib turdik. U mendan Rizo Obid bilan orasini tuzatib berishni so’radi. Bu ham yo’lga qo’yildi.
U mashinasida Amerikani aylanib yurar ekan, tez-tez telefon qilib turadigan bo’ldi.
Bir kuni ”Ozodlik”ka qarshi yana namoyishga chiqishlarini aytdi. Men unga doim bu radiodagilarning faoliyatini tanqid qilib turishimni eslatib, AQSh sharoitida namoyishlarning foydasi bo’lmasligini tushuntirishga ko’p urindim. Bo’lmadi. Ayniqsa uning efirdan 10 minut vaqt so’rashi kabi kulgili talabi amalga oshmasligini anglatishga harakat qildim. Radioda ishlaganim uchun ham bu borada ozmi-ko’pmi bilishimni aytsam ham quloq osmadi. Shundan keyin men o’zimni undan yana uzoq tuta boshladim.
U ham qaytib telefon qilmay qo’ydi.
Keyin bilsam, u O’zbekistonga boradigan bo’libdi. Buni Aydahodan eshitdim. O’zbekistonga borib, qaytgan bir kishi bilan uchrashishga borgan ekan, xabar o’sha yoqdan keldi. Balki o’sha uchrashuv uni ruhlantirgan bo’lsa ne ajab?!
Men Bahodirning nega telefon qilmay yurgani sababini oraga yana “dedi-dedichilar” kirgan bo’lsa kerak deb o’ylardim. Lekin bildimki, u agar bu gapini menga aytsa, xato qilayapsan, degan javobni olishini bilgan.
Agar u men bilan maslahat qilganda, bu harakatning unga, siyosatchi bo’laman degan kishiga har tomonlama ziyon etkazishini anglatgan bo’lardim
Birinchi variant׃ Bir bahona topib qamashadi. Bu holatda sizdan qahramon yasab qo’yishlarini ham bilishadi. Chunki hukumat sizning tashkilotingizni jiddiyga olmaydi. Falon joyda falon ming odam namoyishga chiqadi degan quruq gaplarni eshitaverib, sizni jiddiyga olmay qo’ygan.
Ikkinchi variant: Po’lat Oxunov bilan bo’lgan kabi avvaliga indamay qo’yishadi va keyin uy qamog’ida tutish yoki chegaraga olib kelib quvib yuborish. Bu ham sizga obro’ keltirmaydi. Hukumat sizni qamamay chiqarib yubordi va jiddiy muxolifatchi emassiz, degan gaplar ochiqdan ochiq aytiladi. Hatto sizni ataylab chiqarib yubordi deyishsa ham bunga ko’pchilik ishonadi.
Uchinchi variant׃ Sizni ozgina tazyiqqa oladilar va siz qochib chiqasiz . Bu safar odamlar nega ana u qashqadaryolik hech kim tanimaydigan bitta fermer qaytib borganda, ushlab, qamab qo’yishdiyu nega shuncha shovqin qilib yurganingiz bilan sizga indashmadi, deyishadi. Ba’zilar esa, sizning maqsadingiz qaytib borib muxolifatchilik qilish bo’lmagan, bunga imkon yo’qligini axmoq ham biladi, siz bir borib, ota-onangizni ko’rib kelmoqchi bo’lgansiz, ham deb aytadilar.
Xullas, har qanday variantda ham bu siyosatchi uchun mag’lubiyat degan bo’lardim. Shunda u menga bundan 15 yil oldin yozganim׃ “Liderlarning o’rni vatandadir” degan maqolamni eslatishi mumkin edi. Agar o’qigan bo’lsa, tabiiyki! Agar o’qigan bo’lsa va haqiqatdan ham o’zini lider deb hisoblab, o’zi radiolardan biriga aytgani kabi “Vatanning qamog’i ham Vatan” degani gapi samimiy bo’lsa, u holda Bahodir bahodir ekan! U holda Bahodirga bahodirlik muborak! Agar bahodirlik qamoqda o’tirishdan iborat bo’lsa…
Darvoqe, uning O’zbekistonga qaytishi ortida qandaydir kuchlar bor degan gaplarga aslo ishonmayman! Chunki bugun o’zbek muxolifatchilari ichidan kimnidir jiddiy oladigan, kimgadir ishonadigan kuchning o’zi qolmadi. Xorijdagilarni qo’yavering, hatto O’zbekistonda ham…
Lekin ishonamanki, men unga bundan besh yil oldin aytgan gap isbotini topadi. Ya’ni u baribir AQShga qaytib keladi. Nima bo’lganda ham men uning bola-chaqasi boshiga tezroq, eson-omon qaytishni tilayman. Uning Dadaxon degan pahlavonsifat o’g’ilchasi va qolgan farazandlari – uning xalqi, uning birdamligi- olis bir o’lkada lidersiz qolishini istamasdim!
Ushbuni yozib, e’lon qilaman, deb turganimda vaqtincha Qozog’istonda bo’lgan yosh bir siyosatchidan xat kelib qoldi׃
“Bahodir Choriev qarshiliksiz O’zbekistonga kirib, to’ylarda yuribdi, u rahbari bo’lgan “Birdamlik”ning O’zbekiston bo’yicha raisi Dilorom Isoqova esa qarshiliksiz Bryuselga kelib, andijonliklar, dindorlar bilan birga Karimov rejimi haqida keskin bayonotlar bermoqda. Balki rostdan ham nimalardir o’zgarayotgandir?”
Menimcha, hech narsa o’zgarayotgan emas. Mana ko’rasiz…Eski tos, eski hammom!

SIYOSATNI BILAMIZMI, O’ZI?

5 noyabr, 2009 yil
Bugun bir saytga nazar solsam, ba’zilar 20 yil ilgari bo’lgani kabi bugun ham “O’zbeklar demokratiyaga tayyormi yoki yo’qmi?” degan mavzuni “chaynab” yurishibdi. Bugunga kelib bu masalaga bot-bot qaytishdan oldin, menimcha “Biz siyosatni bilamizmi, o’zi?” degan savolga javob berish kerak.
Bundan roppa-rosa bir yil oldin “Biz umuman siyosatni bilmas ekanmiz, o’tgan yillarda siyosatning “s” harfini ham o’rganmabmiz-ku” degan fikr har kuni, har soatda fikrimda chaqmoq qabi chiziq chizardi.
Gap shundaki, siyosatga kirgan har qanday kishi bir necha manfaat bilan yuzma-yuz keladi.
1.Shaxsiy manfaat.
2.Millat va mamlakat manfaati.
3.Do’stlar va sheriklar manfaati.
4.Dunyo manfaati.
Aslida siyosatga kirmagan odamning o’zi yo’q hisobi. Saylovga borib ovoz berdingizmi- bu siyosat! Saylov haqida, hukumat haqida, amaldorlar borasida, hatto avtobusning vaqtida kelmagani xususida ochiq fikr yuritdingizmi, demak siyosatga kirdingiz.
Ma’lumki, sobiq prezident Bush juda yomon rahbar edi. Buni aytmagan odam qolmadi. Uning muddati bitib, sahnadan ketarkan, uning o’rniga kurash boshlanganda biznikilar, bir necha kishi istisno, Obama nomzodini qo’llay boshladilar. Hatto uni yoqlab ovoz berish huquqidan mahrum bo’lsalar ham uning nomzodini qo’llab, xushnudligidan uxlamay tong ottirganlarini aytganlar bo’ldi.
O’zini dunyoning old siyosatchisiman deb o’ylagan ba’zi bechora “liderlar” esa oz qolsin yalang’och holda ko’chaga yugurib chiqadigan kabi sevinib, baqirib yurdilar. Tarafsizligi nolga teng bo’lib qolgan va tarafkashlik etaloniga aylangan o’zbek tilidagi xorijiy radiolarda ham har kuni Obamachi o’zbekning sevinchli sadosi bor edi.
Faqat ikki-uch kishigina onda-sonda Makkeyn nomzodi haqida gapirardi. Makkeyn keksa, qolaversa, u respublikachilar partiyasining nomzodi edi. Biznikilarni bu emas, balki u saylanib qolsa, Iroq va Afg’onistonda, o’zlari yashab turgan joylarda Bush siyosati davom etadi degan xavotirlar cho’chitardi. Ya’ni yuqorida sanaganimiz manfaatlarning birinchisi – Shaxsiy manfaat ishlayotgandi. Chunki Bush siyosati tufayli dunyoda musulmonlarga juda qiyin bo’lib qolgandi va har bir kishi shaxsiy manfaatidan kelib chiqib, Obamaning va’dalariga o’zini ishontirgandi. Buni tushunish mumkin.
Qolaversa, Do’stlar va sheriklar manfaati hamda Dunyo manfaati ham bu erda kecharli. Buni ham tushunish mumkin. Lekin “millat va mamlakat manfaati haqida o’ylayapman” deganlarning aksariyati Obamani qo’llaganlarini tushunish qiyin edi. Mening hafsalamni pir qilgan narsa ana shu bo’lgan.
Chunki millat va mamlakat haqidagi iddaolar samimiy bo’lganda bu hatto Shaxsiy manfaatga zid bo’lsa ham Makkeyn nomzodini qo’llashgan bo’lishardi.
Amerika tarixida O’zbekiston degan o’lkaning muammosini biladigan va Karimovning haqiqiy bahosini bergan sanoqli siyosatchilardan biri Jon Makkeyn edi. Uning Karimov bilan hisob- kitobi bor. Karimov uni O’zbekistondan quvgan va u bunday tahqirni unutmagandi. AQShda Andijon voqealarini ham dadil ko’targan va o’zbek siyosiy mahbuslarining bir qanchasini isma-ism bilgan ham Makkeyn edi.
Makkeynning saylanishi chet ellarda yashayotgan biz o’zbeklarning shaxsiy manfaatimizga balki zid, lekin O’zbekiston va o’zbek xalqi manfaatiga mos edi. Mening nazarimda bu dunyo manfaatiga ham mos kelardi. Chunki Obama tajribasiz. Qop-qop va’dalar beraverishi ammo urush yo’lini o’zgartirishga kuchi etmasligi ko’rinib turgandi. Ayniqsa, uning “diktatorlar bilan dialog boshlayman” degani ham bizni o’ylatishi kerak edi!
Mana oradan bir yil o’tib, obamachilarning tarvuzlari qo’ltiqlaridan tushdi. Kechagina Obama deb baqirib yurganar bugun allaqachon uni baralla tanqid qilishmoqda. Bugun ular haqli. Lekin bir yil oldin ular siyosatni bilmasliklarini ko’rsatib qo’ygandilar. Obama ma’muriyati O’zbekistondagi inson haqlaridan ko’z yumib ham biznikilarning siyosatni bilmasligini ko’rsatgan bo’ldi.
O’zini muxolifatchiman deb yurgan ba’zi “dono”lar shaxsiy manfaatini millat va mamlakat manfaatidan ustun qo’yib, diktatorga quchoq ochish siyosati “yaxshi bo’ldi va mana O’zbekistonda siyosat yumshamoqda” deyishga qadar borishmoqdi. Bu endi razolat. Qip-qizil masxarabozlik! O’zbekistonda muxoliflarga qarshi siyosat yumshaganmish. Bu latifasini bolasiga aytsa, u ham uning ustidan kuladi!
Qolaversa, Obamaning dunyo manfaatlari borasida Bushdan oshib tushayotganini ko’rib turibmiz.
Bundan bir necha kun oldin ana shu Obamadan xat oldim. U mendan oraliq saylovida qatnashib, Virjiniya gubernatorligiga u qo’llagan nomzod – demokratik partiya nomzodiga ovoz berishni so’rayotgandi. U 600.000 ming kishiga ana shunday xat yo’llabdi. O’zi bir necha marta Virjiniyaga kelib uchrashuvlar o’tkazdi ham. Ammo Virjiniya uni qo’llamadi – 2008 yilda uni qo’lllaganlar 2009 yilda qo’llamadilar. Ha, siyosatni bilmaganlar bu erda ham ko’p ekan va ular o’z xatolarini ko’rib qoldilar. Bir yildan so’ng…
Bu esa siyosatni bilmaslik AQShda ham bizdagi kabi ekan-ku, degan xulosaga olib kelishi mumkin. Lekin men bunga qo’shila olmayman. Chuni Virjiniyada ovozlar Obamaga ketishi uchun 2008 yilda asosan xorijdan kelib doimiy yashayotganlar va ularning farzandlari muhim rol o’ynadiar. Verjiniya saylovining taqdirini uning shimoliy qismida yashagan hindlar, xitoylar, koreyslar, afg’onlar, forsiylar, turkiylar, ispanlar, afrikaliklar va boshqa muhojirlarning yangi avlodi hal qilgandi.
Saylovda kimgadir ovoz berish har kimning o’z huquqi va buning uchun uni ayblashga birovning haqqi yo’q. Shu qablalmiloddan qolgan qoidadan kelib chiqib, men ham hech kimni ayblay olmayman, balki ularning qarashlarini hurmat qilaman. Ammo bunday holdan asabimni egovlagan turli savollarga javob topganday bo’laman. Jumladan, “Biz siyosatni bilamizmi, o’zi?” kabi savolga ham.

ALVIDO BARNO! ALVIDO RUXSHONA!

6 noyabr, 2009 yil
Bugungi tongni dahshatli xabar bilan qarshi oldim! Millatparvar adib Dilmurod Sayyidning umr yo’ldoshi Barno va qizi Ruxshona Navoiyga, uni ko’rmoqqa borayotganda, Sirdaryoda avtohalokatga uchrab vafot etishibdi. Joylari jannatda bo’lsin va Dilmurodga bardosh bersin, deymanu yuragimdagi vulqon tinmaydi.
Bu ne ko’rgulik?
Bu ne dahshat?
Shu yilnng 14 sentyabr kuni Barno Jumanova degan ayoldan xat oldim. O’qib ko’rsam, Dilmurodning umr yo’ldoshi ekan. Uning maktubi juda dardli va kimsasiz sahroda qolgan kishining faryodi kabi edi. Men qachondir bu maktubni e’lon qilishim mumkinligini xayolimga ham keltirmagan edim. Lekin bugun biz kimdan ajralganimiz va nega ajralganimizni idrok etish uchun bu maktubni e’lon qilayapman.
“MUHTARAM JAHONGIR MUHAMMAD! Men turmush o’rtog’im Dilmurod Sayyidning 11 sentyabrdagi apellyatsiya sudiga borib, qattiq tushkunlikka tushdim. Chunki nohaq chiqarilgan hukm qonuniy topilib, hech bir asossiz o’z kuchida qoldirildi. Undan tashqari Dilmurod akaning ham gaplari yuragimni ezdi. Ularning ahvoli yaxshi emasligi, ozib-to’zib ketganligidan haligacha o’zimga kelolmayapman. Eng ta’sir qilgani, ularning menga aytgan quyidagi gaplari bo’ldi:
“Barno, men bu erda nima bo’lishim noaniq, halitdan bahona bilan, arzimas sababni ro’kach qilib, NARUShENIYa yozishdi. To’g’risini aytsam, bu erdan tirik chiqishimga ishonmayman. Ovqat masalasi muammo, dori-darmon umuman berishmaydi. Bir yoqda sog’ligimga putur etib bo’ldi. Hatto yuragim yomon bo’lganda ham birinchi yordam berishga shoshilishmadi. Bu hol Tayloq tuman VUTIsida ham bo’lgandi. Men Tayloq tuman VUTIsi boshlig’iga ariza bilan murojaat qilganim uchun uydan keltirilayotgan ovqatni umuman berdirmay qo’yishuvdi.
Hozir Kattaqo’rg’on turmasida ham bundan battar bo’lsa battarki, yaxshi emas. Endi sendan yagona iltimosim, qizimiz Ruxshonaga yaxshi qara, uni hech nimaga zoriqtirma. Mabodo menga biror nima bo’lsa, mening yo’qligimni bildirma. Bu gaplarni hech kimga ayta ko’rma, oramizda qolsin. Oyimning ko’ngillariga ham qaranglar, xafa qilmanglar. Men Xudoning oldida ham, bandasining oldida ham haqman! Shuning uchun qaddingni tik tutib yur, hech qachon yig’lama. Bu gaplarni har ehtimolga qarshi aytib qo’yayapman, chunki ertaga nima bo’lishini xudo biladi. O’rtamizda yaxshi-yomon gaplar o’tgan bo’lsa, meni kechir, men ham sendan roziman…”
MUHTARAM JAHONGIR AKA! Bu gaplardan keyin battar siqildim. Adolatning yo’qligi, g’arazgo’ylik yurtimiz rahbarlariga, xususan, sud, huquq tartibot organlariga tekkan kasal ekanligi meni bir tomondan ezsa, ikkinchi tomondan turmush o’rtog’imning kasalligidan siqilyapman.
Qolaversa, hozir hech qaerda ishlamayapman. Qaerga ish izlab borsam, boshida ishga qabul qilishadi va… kimligimni qaerlardandir, kimlardandir eshitib, tayyorlagan hujjatlarimni qo’limga qaytarib berishadi. Shuning uchun moddiy tomondan imkoniyatlarim chegaralangan. Taxminan may oylarida “Ezgulik” inson huquqlarini himoya qiluvchi jamiyatga turmush o’rtog’im nomiga yordam tariqasida 2.500 AQSh dollari kelganligini advokat Suhrob Ergashev telefon orqali aytuvdi. Keyin Vasila Inoyatova bilan bog’landim va u menga oilaviy yordam sifatida ikki yuz dollar berdi. Keyin dori uchun yana ikki yuz dollar berdi. Men sudga qatnashga deb yordam so’raganimdan keyin 360 000 so’m pul berildi. O’sha puldan 300 dollar pulni advokat (aslida hamma ishni rasvo qilgan odam!) Hasan Mahbubovga V.Inoyatova bergan.
Sud jarayonlariga qatnaganda, pul masalasida juda qiynaldik. Yordam pulini surishtirishga majbur bo’ldim. Lekin 2.500 dollar pul keldi deganlar bor-yo’g’i ming dollar kelganini, menga xato aytishganini gapirib, uzr so’rashdi.
Undan keyin Husniddin ismli yigit va advokatimiz Ruhiddin Komilovning harakatlari bilan menga qaysidir chet el tashkiloti (nomi esimda qolmadi!) 1060 dollar pulni o’z qo’limga berishdi.
Shundan beri o’sha pulni siqimlab ishlatayapmanu, ammo shuning ham tagi ko’rinib qolayapti. Bizda melisa bilan do’xtirga ishing tushmasin, degan gap bor. Rostdan ham bu gap to’g’ri ekan. Borish-kelish, u-bu narsa berish, sarson-sargardonlikda qo’limdagi pullar sochilib ketayapti. Turmush o’rtog’im uchun nimaiki olib borsak, qamoqxona melisalari yarmini berishadi yoki umuman berishmas ekan. Berilgan narsalarni ro’yxat qilib kiritsam, ro’yxat yo’qoldi, deyishadi. Shikoyat qilishga cho’chiyman, chunki Dilmurod aka o’shalarning qo’lida. Buning oxiri nima bo’ladi, bilmayman. Shuning uchun o’ylab-o’ylab, Sizga murojaat qilishni ma’qul topdim.
JAHONGIR AKA! Siz haqingizda orqavorotdan ham faqat yaxshi gaplar eshitganman, yaxshi inson sifatida taniyman. Dilmurod aka ham Sizni to’g’riso’z inson deb hurmat bilan tilga olardilar. Qolaversa, o’zim ham samarqandlikman, yurtdosh sifatida hurmat qilaman, gazetalarda chiqqan maqolalaringizni ko’p o’qiganman. Ayniqsa, Siz mustaqillik kunida Oliy Minbardan turib, battol Karimovga qarata “O’zbekiston onangizning mahriga tushgan emas!” degan so’zlaringizni umrbod esimdan chiqarmayman.
Falakning gardishini qarangki, Sizdek to’g’riso’z, mard, jasur, fidoyi insonlar chet ellarda yurishibdi. Qodir Xudoyim tarozining pallasini teng yaratadi. Albatta, buning ham javobi, savobi, mukofoti bor, nasib qilsa. Bir kunmas bir kun Siz yurtimizga qaytib, Vatan ichida savobli ishlaringizni davom ettirasiz, degan umiddaman. Aynan shularni hisobga olib, Sizga murojaat qilishni, maslahatingizni olishni ma’qul topdim. Yo’qchilik jo’mardning qo’lini bog’laydi, deganlari haqqi rost. Men ham o’z g’ururimni sindirib, mabodo iloji bo’lsa, turmush o’rtog’im uchun Sizdan ma’naviy va moddiy ko’mak berishingizni, hech bo’lmasa, o’z maslahatingizni ayamasligingizni qattiq iltimos qilaman. Bizga yordam berishni istaganlar bo’lsa, ular bilan bog’lanishimga amaliy ko’mak bering, iltimos. Qattol KARIMOV qatag’onining bir qurboni sifatida SIZ meni to’g’ri tushunarsiz, degan umiddaman.
Sizga cheksiz ehtirom va samimiy ishonch bilan Dilmurod SAYYIDning turmush o’rtog’i Barno Jumanova”.
Bu maktubni o’qib juda ezildim o’shanda. Umr yo’ldoshi ham Dilmurod kabi iste’dodli qalamkash ekan deb o’yladim. Unga javob yozarkanman taskin beradigan so’zlar topa olmadim. Uning maktubini e’lon qilib, oilasiga yordam to’plashni ham o’yladim. Lekin og’ziga kuchi etmaganlar buni ham boshqa tomonga burib, qamoqdagi odam ustidan pul qilishmoqda deyishdan qaytmasliklarini o’yladim. Xullas, o’z shaxsiy imkoniyatimni ko’rib chiqib, imkon qadar yordamimni yubordim. Bugungi korruptsiyaga botgan O’zbekiston sharoitida bu juda oz narsa edi. Lekin Barno buni juda katta yordam deb qabul qildi׃
“Assalomu alaykum muxtaram Jaxongir Muxammad! Yuborilgan narsani oldim, iltifotinigiz va mexringiz uchun yana bir bor raxmatlar aytaman. Sizni va oila a’zolarinigizni yakinlashib kelayotgan Muborak Ramazon xayit bayrami bilan chin dildan tabriklayman. Doimo murod va maksadingizga eting, bolalaringizning roxatini kuring. Xammamizni Allox uzi yarlakasin. Dilmurod aka xakida berib borayotgan materiallar uchun minnatdorchilik bildiraman.
Samimiy xurmat bilan Barno. 19 sentyabr”.
Mana bugun elektron pochtamning arxivida qolgan ana shu xatlarni o’qirkanman, iztirobning qilichi meni parchalayotgandek… Men ushbuni ko’zda yosh bilan yozayapman, yonimda umr yo’ldoshim yig’lab turibdi…
Hamdardligimizni kimga aytaylik?
Hamdardligimizmni kimga bildiraylik?
Dilmurod Sayyidgami? U axir zulmning zindonida. Uni ruhan sindirgan Karimov zulmi bugun uni jismonan ham bukdi…
Millatim, xalqim degan buyuk insonning boshida bu qadar og’ir dardlar bo’larkanmi-a?
Ey, zolim Karimov! Bugunoq Dilmurod Sayyidni zindoningdan chiqar, u sevgili yorining, dunyo qadar aziz Ruxshonasining jonsiz jasadlarini so’nggi bor ko’rsin! So’nggi bor bag’riga bossin! Ularning qabrini quchoqlab yig’lasin! Balki o’shanda u tirik qoladi! Bo’lmasa, uning ham qotilisan, ZULM!

HALOKAT ORTIDAGI SAVOLLAR

10 noyabr, 2009 yil
Rahmatli amakim “Yotishdan oldin karavotning oyoqlarini, mashinaga minishdan oldin ballonlarini tekshirib ko’r”, der edilar. Buni kimdir shubhalanish kasali ham deyishi mumkin. Ammo shubhalanmasangiz haqiqatni topa olmaysiz va ko’zingiz ochilmaydi.
Dilmurod Sayyid oilasining boshiga kelgan fojeani bir necha kunki unuta olmayapman. Savol ustiga savol qo’shilmoqda. Bu savollarni avval adib Rizo Obid bilan o’rtoqlashdim. U ham o’ylanib qoldi. Keyin huquqbon Yodgor Turlibekov bilan… U ham “Ha..ya” deb qoldi. So’ng boshqalar bilan ham gaplashdim. Qolganlar ham savollarim quruq shubha emasligini aytishdi. Shuning uchun ham bugun ular haqida yozishga qaror qildim.
Avtohalokat payshanba kuni tushdan so’ng sodir bo’ldi.
Barno Jumanovaning hujjatlariga ko’ra, u Toshkentda yashaydi. Demak, mirshablar dastlab Toshkentga xabar berishlari kerak. Uning keksa otasi esa, Samarqand viloyatining Bulung’ur tumanidagi olis bir qishloqda istiqomat qiladi. Uni topguncha kamida bir-ikki kun ketadi. Lekin…
“Kecha kechqurun (voqea kuni-j.m.) soat 10.30 larda Dilmurod Sayyidning xotini Barno Jumanovaning otasi telefon qilib¸ Sirdarë viloyati Oq oltin tumanida avtohalokatga uchrab¸ Barno Jumanova va uning qizi (olamdan-j.m.) o’tganligi to’g’risida ma’lumot berdi…,-dedi Ruhiddin Komilov”. (“Ozodlik”. 6-noyabr).
Rahmatli Barno Jumanova otasining yakka qizi bo’lgan, Ruxshona esa uning birdan bir nevarasi. Bunday paytda har qanday ota dahshat ichida qoladi, o’zini yo’qotadi va fikrlarini jamlab olguncha kunlar o’tadi oradan…
Buning ustiga avtohalokatdan keyin dastlabki tekshiruv uchun ketgan vaqt, tergov ochilishi uchun hujjatlarni hozirlash, halok bo’lganlarning kimligini aniqlash, voqea joyidagi tekshiruv, meditsina ekspertizasi xulosasi… va hokazo-hokazolar uchun ketgan vaqtni tasavvur qilsangiz savol tug’ilaveradi.
Xabarni buncha tez Bulung’urning chang ko’chalaridan arang etib boriladigan qishlog’iga kim etkazdi? Nahotki, O’zbekistonda mirshablar shuncha tez ishlaydilar? Amerika filmlaridagi kabi ”super mirshablar” bormi yoki?
Shu kuniyoq voqea joyiga etib kelgan keksa ota darhol Toshkentdagi advokatga qanday telefon qildi? Farzandi va nevarasidan ajralgan odamning darhol advokatga telefon qilish xayoliga keladimi yoki uning yonida “shu nomerga sim qoqing” degan, balki nomerni terib bergan odam bormidi?
Odatda tergov idoralaridan xabar chiqishi juda qiyin. Lekin bu voqea haqida ertasigayoq ular etarli qadar ma’lumot sizdirishgani va hatto “Neksiya” mashinasining shoferi urgutlik ekanligini ham bildirishgani sizni o’ylatmadimi? Yoki O’zbekiston DAN xodimlari shu qadar ilgarilab, voqea haqida shuncha tez ma’lumot beradigan bo’lib qolganlarmi? Agar shunday bo’lsa, biror joyda halokat yuz berganda haftalab xabar ololmagan odamlar tuhmatchi ekanlarda-a?
Sud-med ekspertizasi O’zbekistonda shuncha tez o’tkaziladimiki, marhumlar voqeadan 24 soat ham o’tmay dafn qilindi?
O’zbekchilikda bunday paytda qishloq oqsoqollari hukumat idorasiga borib, iltimos qiladilar, “Baraka topgurlar, oila boshlig’i qamoqda, bir kunga bo’lsa ham javob beringlar, xotini va bolasini o’zi ko’msin, qabrlariga tuproq tashlasin”… Yo’q, bunaqa gap yo’q. Xuddi kimdir peshanaga tappocha o’qtalib turgan kabi marhumlarni darhol ko’mishdi. Nega?
Voqea sodir bo’lgan kundan beri Barno Jumanovaning otasi avariya tasodif ekanligini bot-bot urg’ulamoqda. Xuddi uning yonida birov o’tirib shu gapni ayting deyayotgan kabi. Axir har qanday inson ham eng avvallo shubhaga boradi-ku? Ayniqsa, kuyovi taniqli jurnalist, hukumat unga tuhmat uyushtirib, zindonband etgan bo’lsa? Buning ustiga ”pasportini olib kel” deb qizini qamoqqa chaqirishgan bo’lishsa?
Darvoqe, men bilgan O’zbekistonda pasport deganini suddan oldin, tergovdan oldin olib qo’yishardi. Tergov qilinayotgan odamning kimligini aniqlash uchun eng avvalo uning hujjati olinadi, axir? Yoki O’zbekiston sudlari kimligi aniqlanmagan odamlarni sud qilaveradimi? Hatto biror sabab bilan olib qo’yishmagan bo’lishsa ham qamoq ma’muriyati pasport talab qilganini men 55 yillik hayotimda ilk bor eshitib turibman… Siz eshitganmisiz?!
Men bu halokatni hukumat uyushtirgan degan xulosadan yiroqman. Bular tasodifdir, balki? Ammo bitta voqeada tasodiflar shu qadar ko’pki, ular savol ustiga savol qalashtiradi.
Hukumat odamlari Barno Jumanovani kuzatib yurishgan va halokat yuz berib, ular nima qilishlarini bilmay, voqeani apal-tapal tinchitib yubormoqchi bo’lishdimi? Ko’rinmas kuch harakat qilganga o’xshamayatimi, sizga?
Hukumat bu voqea jamiyatdan norozi odamlarni bir joyga jamlashidan qo’rqdimi? Unday bo’lsa nega xabarni buncha tez chiqarishdi?
O’zbekistonda hamma narsa shunchalik nazorat ostidami? Bunga ham ishona olmayman!
Gumon qilishga haqqim yo’q, ammo savol berishga hamma kabi mening ham haqqim bor. Javob esa yo’q. Xuddi har doimgidagidek…
Darvoqe, dahshatli bu voqea sizda hech qanday savol uyg’otmadimi?
Xo’sh, avtohalokat tasodifligiga urg’u bergan Bi-Bi-Si, “Ozodlik” va “Amerika ovozi” radiolari-chi? Ular nega bunday savollarga javob izlamayotirlar? Endi bu ham savol!

MUNOSABAT
11-noyabr, 2009 yil

Taniqli jurnalist Dilmurod Sayyidning oilasi boshiga tushgan fojea uyg’otgan savollarni kecha yozgandim. Shu munosabat bilan elektron pochtamga bir qancha xat keldi. Jumladan, jizzaxlik huquqbon Baxtiyor Hamro ham munosabat bildiribdi. Unga befarq qolmagani uchun minnatdorchilik izhor etgan holda bitiklaridagi ba’zi xatolarni tuzatmay, “ipidan ignasi”ga qadar qanday bo’lsa, shundayligicha keltirayapman׃
“Jaxongir aka, xozir biror vokea munosabati bilan aloxida avto ulov ajratib xabarlar aytilmaydi. Kavatli uyimiz yonida multoni (luli) bir kuli bilan axlatxonani titkilayotgani, ikkinchi kuli bilan esa kul telefonida kim bilandir suxbatlashayaganini guvoxi bulganman. Buning ustiga, xozir, mushtday bolalarning kupchiligada kul telfoni bor.
Taxmin kilsak taxminlar kupdir. Avtoxalokatda, DAN xodimlari Raxmatli Barnoni mashinaning tagidan olib chikkanda kul telefoni chikkan bulishi va ular kungirok kilgan bulishi mumkin, yoki, kasalxonaga olib borganda kimdir, kul telefonidagi yozuvlardan kelib chikib dadasiga va boshkalarga kungirok kilgandir. «Neksiya» rusumli mashina chikilsa, Bulungurdan 1,5 soatda etib keladi. Mayli 3 soat xam ketdi deylik. Dadasi kelgan, kurgan, vokea kanday ruy berganligini xakida ma’lum darajada bilgan.
Bunday fojea utgandan sung albatta jinoyat ishi ochiladi va xakda xam bilan bulishi mumkin. Dilmurodning advokatiga, va boshka shu ish bilan boglik insonlarga, ular xar doim boglanib turganligi uchun barcha vokea jarayonlarini Barnoning dadasi aytgan bulishi mumkin. Vokea kunduzi soat 10-30 larda (yoki tushdan keyin) ruy bergan, kechgacha ular «Ozodlik» ka etkazgan. Shu kuni va ertasi, bu ish bilan kattik shugullangan «Ezgulik» tashkiloti xabar tarkatgan.
Endi, pasport masalasidi: Aka, sir emas, bu xukumat pasportsiz xam kim kancha odamlarni kamab yuborishdi. Masalan, uglim Ixtiyorni xam pasportsiz sud kilib yubordi. Tergovchi necha marta suraganiga karamasdan, pasport olib borib berilmadi. Tergovchiga «Siz shaxsi aniklanmgan shaxsni tergov kilayapsan» deganman.
Jaxongir aka, «Bu vokeadan narozi odamlar bir joyga jamlanishdan («jamlashdan» deb yozgansiz) kurkdimi? deb yozibsiz. Bu xukumat, allakachonlardan beri narozi odamlarni tan olmay kuyishgan.
Shu bilan birga, Uzbekiston ichkarisidagi faoliyat olib borayotgan muxolifatning saloxiyatini Andijon fojeasidan keyin bulib utgan tozalashlardan sung umuman tan olmay kuygan. Bu xakda, uzingiz Baxodir Chorievning vatanga kaytishi xakida yozgan makolangizda chiroyli kilib keltirgansizku?
Bunday fojea ruy berganda albatta tezlikda ekspertiza utkaziladi. DAN xodimlari uchun, mashinaning egasini topish kiyin ish emas. Chunki, xar bir blok postda kaysi mashina, kay vaktda utganligi uzulksiz kulda ruyxatga olinadi. Yakindan boshlab esa, Toshkentga xar bir kirish blok postlarda video kuzatuv jixozlari urnatildi.
Xozir, umuman bunga ancha buldi, ya’ni Uzbekiston fukarolarining deyarli xammasi, biror joyga chikkanda pasportini olib chikishadi. Shundan kelib chikib xolok bulganlarning xammasidan pasportlari chikkani anikdir. Oksokollar xakida yozibsiz.
Bunga, bir-ikki kun ilgari bulib utgan vokeani aytib kuya kolay. Maxallamizda, un choglik bakkuvat yoshlar tuplanib turibdi. Men utib borayapman. Bir barzangi mast keldida, xaligi yigitlarning birini «Kaerdansan, taging kaerdan chikkan va xakozalar» deb rosa xakorat kildi. Yonidagi yoshlar esa jim. Yoshimdan kelib chikib «Otang yaxshi, onang yoxshi, kuying uka, yaxshi odamning uglisizku, kuying bu yoshlarni, uz yulida ketaversin?» dedim. Onam xam, otam xam kolmadi. Rosa meni xakroat kildi. Men, mastdan umuman xafa bulmadim. Aksincha yoshlardan, vokeani jimgina kuzatib turganidan xafa bulib ketdim.
Yukoridagi fikrlarimdan kelib chikib, bulib utgan fojeani tasodif deb uylayman.
Baxtiyor Xamro.
10 noyabr 2009 yil.
Jizzax shaxri.”
Baxtiyor Hamroga faqat yozuvimdagi u xato degan jumla stilistik jihatdan to’g’ri ekanligini ta’kidlamoqchiman. Men “Hukumat bu voqea jamiyatdan norozi odamlarni bir joyga jamlashidan qo’rqdimi?” deb yozganman. Bu jumla iqtibos tarzida olinganda noto’g’ri ko’chirilgan.
Boshqa xatlar ham oldim. Ulardan ham birini keltiraman. Bunisi ham ruscha harfli kompyuterda yozilgan, shekilli, “h” o’rniga “x” kabi harflar tushgan va Baxtiyor Hamroning maktubida saqlab qolganim kabi bunda ham ularni tuzatmaslikni lozim topdim.
“Assalomu alaykum Jaxongir aka.
Sogliklaringiz yaxshimi?
Xalokat ortidagi savollarni ukib juda xam ta’sirlandim. Gapning ochigi meni xam shu savol xalokat xakida eshitganimdan beri kiynaydi. Fakat kupchilik uyushtirilgan bulishi mumkin degan taxminimni “kanday kilib?” deb engib yuborayotganiga indamay kelayotgan edim.
Agar uyushtirilgan bulsa, uning ortida kim turipti, Jomboy kattalarimi? Zero, xukumat uchun Dilmurod aka juda xam mayda masalamikan, deymanda. Ammo Jomboy uchun, mana shu sud, uning ketidan boshlangan ovozalar ularning kup ishlariga zarba berdida. Men negadir shu tomonni uylayabman…
Savollar tugri kuyilgan, menda xam shu savollar kaynayapti, ex…
Samimiy xurmat bilan, Ibrohim Hakimov.”
Demak, yozganlarim ikki xil aks-sado berdi. Bu tabiiy.
Lekin mutlaqo hukumat tarafini olib yozilgan xatlar ham bor.
Garchi kechagi yozuvimda׃ “Men bu halokatni hukumat uyushtirgan degan xulosadan yiroqman” jumlasi mavjudligiga qaramay hukumatparast bir kishi ismini yashirgan holda “Nahotki hukumat oltita begunoh insonni qurbon qiladi?“ deb yozibdi.
Eh, birodar, nahotki, Andijon unut bo’ldi?

QIYOMAT QIYOFASI

18-noyabr, 2009 yil
Kecha haftaning eng katta voqeasiga aylangan va ko’pchilikning og’zidan tushmayotgan “2012” filmini borib ko’rdim. Film bugungacha ko’p gapirilgan qiyomatning rasmini, qiyomatning qiyofasini chizgan׃
Odamning odamiyligi muz kabi erigani…
Odamning hayvonligi qon bilan bo’g’ilgani…
Umrning tilog’ochday uzunligi…
Umrning sopolakday uloqtirilishi..
Muomalaning suyri kabi o’zgarishi…
Manfaatning livatgarday turlanishi…
Dahshatning ro’dapo oyoqlari…
Vahimaning uchalatoy soyasi…
Ro’yinatan, makkor tabiat…
Zaminning ungurlarga aylanishi…
Boylikning qazna kabi bir pul bo’lishi…
Millionlarning qudrati tiyinga tobe bo’lib qolgani…
Mansabdorning qandala holi…
Mansab ibodatxonasining qulashi…
Qasos, intiqom, o’ch olishning intihosi…
Qarimtaning ibtidosi…
Jonni saqlash uchun kurashning qulg’una xastaligi kabi nafratli basharasi…
Boshpanalarning tegirmon changlari orasida qolgan teganaga aylanishi..
Azm minoralar, haybatli binolar, shamolning o’ynashi bo’lgan og’ochlarning xasday holi…
Palpiz nokaslarning birin-ketin chohga qulashi..
Fosiq kimsalarning tubanlikka uchishi…
Umid niholining qilich bo’lib zulmatga sanchilishi..
Erning yuholigi… yuhoning lov-lov yonishi…
Suvning ochofatligi… ochofatning ko’kka o’rlashi va qanotlari qayrilib yiqilishi…
Osmonning tomoshabinligi… tomoshabinning yuzlari qozon kuya kabi qorayishi..
Oq uylarning qora uylar bilan barobar kul bo’lishi…
Puliga, pushtiga ishonganlarning ishonchi sham kabi shamolda so’nishi..
Odamlarning do’zaxga guruh-guruh bo’lib kirishlari…
Odamning odamdan yuz burishi…
Odamning odamlikdan arosatga ko’chishi…
Odamning a’rofdagi qismati…
Odamning odamga aylanishi…
Harom dunyoning nihoyasi…
Haromga aralashgan yangi dunyoning tug’ilishi…
Xullas, mashhur kino ustasi Roland Emmirix (Roland Emmerich) oxirat kunini inson bolasining ko’z oldiga ketirishga uringan. Mubolog’a va qusurlarni bir chetga qo’yganda filmning inson bolasiga beradigan o’giti katta.
Ba’zilar qiyomat kuni 2012 yilning 31 dekabrida keladi deb ishonadilar. Film shu ishonchga tayangan. Ammo unda dunyo bitsa ham hayot bitmaydi, yangi dunyo, yangi kun boshlanadi… eskilikning haromlari qo’ynida!
Lekin O’zbekiston degan joyda qiyomat 1991 yilning oxiridan boshlanib, haliga qadar bitmagan va qiyomatning rasmi, qiyomat qiyofasi ko’zlarning o’ngida…
Balki bir kun boshqalar uchun qiyomat boshlanganda, o’zbek elda yangi kun tug’ilar… eskilikning haromlari qo’ynida!

Bi-Bi-Si O’zbek xizmati

19-noyabr, 2009 yil

Bugun o’qib qoldim, 30-noyabrda Bi-Bi-Sining O’zbek xizmati tashkil topganiga 15 yil bo’lar ekan. Vaqt shuncha tez o’tib ketibdi. Men o’shanda Turkiyada edim. Taniqli adib Hamid Ismoil mazkur xizmatni endi tetepoya qildirayotgan edi. Bir kuni u Istanbulga sim qoqib, hamkorlikka da’vat etdi.
O’sha kezda “Ozodlik”da “Jahongir Muhammad” nomi bilan chiqib turar edim. Shu bois Bi-Bi-Si uchun “Muhammad Turon” degan taxallusni tanladim. Vazifam asosan Turkiyadagi muhim xabarlarni uzatish va Londondan sim qoqishganda har kuni ro’y bergan voqealarni sharhlab turish edi.
Yozganlarim yoqdi shekilli, shartnoma tuzishdi va Istanbulda iqtisodiy jihatdan oyoqqa turib olishimda bu xizmatdagi faoliyatim muhim rol o’ynadi. Chunki u paytda “Ozodlik”dan beriladigan qalam haqi oila xarajatlarini qoplamasdi. “Ozodlik”dagi chiqishlarimni asosan shaxsiy, siyosiy qarashlarim bilan cheklashga intilardim. Bi-Bi-Si O’zbek xizmatida esa hamkor-muxbir, sharhlovchi bo’lganim uchun o’z siyosiy qarashlarimni chegaralashga majbur edim.
Deyarli har kuni bitta, ba’zan esa ikkitalab materialim efirga ketardi. Soat farqi bo’lgani uchun yarim tunda ham, tongda ham material uzatishga to’g’ri kelardi. AQShga jo’nab ketgunimga qadar – to’rt yil hamkorlik qildim. Mehnat og’ir edi. Lekin huzurbaxsh mehnat edi. Har kun bo’lmasa ham kun ora Londondagilardan maqtov eshitib turardim.
Hamid Ismoilning samimiyati doim meni ruhlantirardi. Bo’limda ishlagan Dilorom Ibrohim, Shohida Yoqub va boshqalarning biror bir joyda qandaydir muhim voqea yuz berib, sharhlaydigan odam topa olishmasa, “Jahongir aka siz bizning o’t o’chiruvchimizsiz” deb, hazil qilib, sim qoqishlari menga ilhom berardi. Ularga shu narsadan xabarsizman demaslik uchun tinmay o’qirdim va izlanardim. Anchagina yozganlarim Bi-Bi-Sining boshqa xizmatlariga ham “o’tib” ketgan. Xabarlardan oldin yurganim uchun Hamid Ismoilning shirali so’zlarini ko’p eshitganman.
Masalan, bir kuni ikki turkiyalikni Saudiya Arbistonida o’limga hukm qilishdi. Men bu haqda xabar tayyorlab, bu voqeaga Turkiya hukumati befarq qaramasligi, bu hatto ikki mamlakat munosabatlarini juda yomon nuqtaga olib borishi, Saudiya Arabistoni ularni baribir ozod etajagini ham sharh sifatida ilova qilgandim. Material efirga ketdi. Oradan bir necha kun o’tib, Turkiya va Saudiya orasida shu masalada kelishmovchilik boshlandi. Anqara kerak bo’lsa, Saudiya Arabistoniga nisbatan eng keskin choralarni ko’rishga hozir ekanini bildirdi. Saudiya ortga chekindi va mahbuslarni ozod etdi. Voqea dunyo matbuotida, jumladan Bi-Bi-Sida ham bosh mavzuga aylandi. Shunda O’zbek xizmati bu haqda bir necha kun oldin material bergani o’rtaga chiqdi. O’shanda Bi-Bi-Sining bir nechta xizmatlariga suhbat berishga to’g’ri kelgandi. Shundan voqealar bir necha marta bo’lgan.
Xullas, Bi-Bi-Si O’zbek xizmatidagi to’rt yillik faoliyatim jurnalistlik tariximda eng lazzatli sahifalardir deya olaman.
Yana bir voqeani albatta aytishim va Bi-Bi-Siga rahmat deyishim kerak. “Amerika ovozi”da ishlardim. Opalarim va singlimni qamashdi. O’shanda Bi-Bi-Si O’zbek xizmatining iste’dodli jurnalisti Pahlavon Sodiq bitta savol bilan Samarqand viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig’ini “to’rga tushirgan”di. (“Generalning iqrori”). Generalning iqrori tufayli AQSh Toshkentga bosim qilib, opalarim va singlim ozod etilgandilar. Jurnalistning mana shunday qudratli kuchi ham mavjud!
AQShda Shukron bayrami bor. Juda katta bayram. Bu bayram mamlakatga ilk bor muhojir bo’lib kelganlarning erli aholiga shukron aytishlari bilan bog’liq. Bu yil ana shu bayram 26-noyabrga to’g’ri kelmoqda. Lekin deyarli bir hafta bayram qilamiz. Bi-Bi-Si O’zbek xizmati tashkil topganining 15 yilligi esa ana shu bayramning davomiga ulanmoqda.
Shunday ekan, menga o’sha kezlarda qayishgan do’stlarga shukron aytaman va u erdagi barcha azizlarni – oldindan bo’lsada chin dildan samimiy qutlayman. Bundan keyingi ishlariga omad tilayman!

Bi-bi-si savollariga javob

30 Noyabr, 2009 yil
Bi-bi-si mehmoni – taniqli jurnalist Jahongir Muhammad bbcuzbek.com o’quvchilari va tinglovchilari savollariga javob berdi.
Jahongir Muhammad 1955 yilda Samarqand viloyatida tug’ilgan.
1980 yilda oila qurgan. To’rt farzandi bor. Umr yo’ldoshi tilshunos.
1973-1979 yillarda Toshkent Davlat Universiteti Jurnalistika kulliyotida o’qigan va 1981 yilgacha tilshunoslik va jurnalistikada etika bo’yicha ilmiy izlanishlar olib borgan.
Jahongir Muhammad jurnalistik faoliyatini 1973 yilda “Toshkent haqiqati” gazetasida korrektorlikdan boshlagan.
Qayta qurish yillarida oshkoralik muammolari haqida yozilgan “Qur’on va Qurol”, “Yonayotgan ayol”, “Yopiq eshikning ochilishi” kabi turkum tahliliy ocherklari O’zbekistonda jurnalistga shuhrat keltirgan.
1990 yilda Jahongir Muhammad O’zbekiston Xalq deputati etib saylangan.
1990-1993 yillarda u O’zbekiston Oliy kengashida Oshkoralik qo’mitasi raisining o’rinbosari bo’lib ishlagan.
Jahongir Muhammad unga nisbatan siyosiy bosimlarning kuchayishi ortidan 1993 yilda O’zbekistonni tark etdi.
Bugunga qadar Jahongir Muhammad asarlari AQSh, Turkiya, va Ozarbayjonda chop etilgan.
Lekin jurnalist uning asarlari O’zbekistonda ta’qiqlanganini aytadi.
Ayni paytda Jahongir Muhammad Qo’shma Shtatlarda Xalqaro tilshunoslik markazida katta ilmiy xodim vazifasida ishlab kelmoqda.
U tilshunoslik borasida AQShda nashr etilgan to’rtta kitobning ham muallifidir.
Suhbatning radio versiyasini shanba kungi “Daraklar” dasturida tinglay olasiz.

Temurjon, Buyuk Britaniya: Jahongir aka, Andijon 2005 yil voqeasi haqida Sizning xolis fikringizni bilmoqchi edim.
Jahongir Muhammad׃ Avvalo savol yo’llagan barcha-barchaga chin dildan samimiy minnatdorchiligimni bildiraman. Savol yo’llaganlarni hayotga, jamiyatga, dunyoning oqimiga befarq bo’lmagan, loqayd bo’lmagan insonlar deb bilaman.
Demak, Temurjonning Andijon masalasidagi savoliga javoban shuni aytishim kerakki, bu borada hali eng muhim nuqtalar yashirin, eng muhim gaplar aytilgan emas. Men hozir “Andijon” nomli tarixiy bir roman yozayapman. Shu kitobda Andijon dunyoda demokratiya va diktatura, manfaat va manzilat, din va dunyoviylik, inqilob va inqiroz, G’arb va Sharq an’analari to’qnashuvining epitsentri bo’lganini ko’rsatishga uringanman. Yaqin orada bu kitobni e’lon qilish niyatim bor.
Jahongir Ahmedov, O’zbekiston: Nima deb o’ylaysiz, Islom Karimovning ikkala qizini norasmiy siyosatga aralashib yurishlari O’zbekiston uchun foydasi bormi?
Jahongir Muhammad: Bu masalada juda ko’p yozganman. Biz istaymizmi, istamaymizmi, hokimiyatni bosib olgan diktatorlarning bolalari mamlakatni o’zlarining tomorqalari deb bilganlar, bilmoqdalar. Lekin har qanday holda bu ularning razolati, sharmandali yakuni bilan bitgan. Ularning siyosatga burun suqishlari hech qachon xalqqa foyda keltirmagan va bu ularning o’z nafslarini qondirish yo’lidagi ermaklaridir.
Nargiza Mirsaidova, Turkiya: Jahongir aka, faraz qilib ko’ring: agar imkoniyat tug’ilganida kelajakda O’zbekiston prezidentligiga o’z nomzodingizni qo’yib, mabodo saylovda yutib chiqqaningizda O’ZBEKISTON PREZIDENTI o’rnida qanday islohotlar olib borgan bo’lur edingiz? O’zbekiston Respublikasining keyingi prezidentligiga qaysi shaxs nomzodini qo’llab-quvvatlagan bo’lardingiz?
Jahongir Muhammad׃ Men hech qachon bunday orzu qilmaganman va bugun ham bunday orzuim yo’q. Lekin mamlakatda islohotlar qilish yoki mamlakatni qanday qutqarish haqida doim o’ylab yuraman. Bilasiz, diktatorlar nafaqat raqiblarini, balki ularning fikrlarini ham yo’qqa chiqarishga urinadilar. Mana biz 20 yildan beri demokratiya deb kurashdik. Bugun shunday nuqtaga keldikki, ertaga diktator o’lib-netib qolsa, birdaniga to’la demokratiya o’rnatilsa, O’zbekiston degan davlat dunyo xaritasidan uchib ketishi mumkin. Ataylabdan shunday holga keltirildi.
Shuning uchun endi bunday sharoit tug’ilganda demokratiyani, islohotlarni qadam-baqadam amalaga oshirish kerak bo’ladi. Birinchi galda matbuotga erkinlik berilishi va ikkinchi navbatda erkin saylovlar o’tkazilishi, keyin qadam-baqadam qolgan sohalarni ham islohot qilib borish kerak.
Ayniqsa, iqtisod masalasida hushyor bo’lib ish qilinmasa, mamlakat va xalq bundan ham battaroq xonavayron bo’ladi. Chunki iqtisodiy islohotlar avvaliga xalqni qiyin ahvolga tushiradi va undan keyingina sekin-asta o’nglaydi. Xalq esa ana shu o’nglanish davriga bardosh bera olmasligi mumkin.
Islohotlarga kirishishdan oldin xalq bilan hukumat orasidagi ishonchni tiklash lozim. Ya’ni xalq hukumat uchun emas, hukumat xalq uchun ishlashini isbotlash kerak. Xalqqa ochiq, yuzma-yuz murojaat qilib, uning barcha huquqlari ta’minlanishi, militsiya va sudlar hukumatni emas, xalqni himoya qilishi, bu borada shaxs diktaturasi emas, balki qonunlar diktaturasi hukmron bo’lishini nafaqat so’zda, balki amaliy harakat bilan ham ko’rsatish lozim.
Prezidentdan tortib, oddiy traktorchigacha qonun oldida baravar bo’lishi shart. Hukumat rahbarligi, hokimlik, senatorlik, deputatlik…- bularning hammasi xalqqa xizmatkorlik deb nomlanishi va xizmatkor bo’lishni chin dildan istaganlargina bu sohalarga kirishlari lozim. Bu sohalar imtiyozlar manbaiga aylandimi, demak, korruptsiya zarpechagi qoplaydi hamma yoqni, islohot bugungi kabi islovotga aylanib ketadi.
Aslida O’zbekistonda islohot qilish qiyin kechmaydi. Boshqa davlatlardagi diktaturalardan keyin islohotlar og’ir kechgani ularda qonuniy zamini hozirlash uzoq vaqt olgani bilan ham bog’liqdir. O’zbekistonda esa jahon talablariga mos tushadigan qonunlar yaratilgan. Ammo ularning ijrosi nolga teng. Hukumat chiqaradigan qonun osti qarorlarni bekor qilib, mavjud Konstitutsiya va qonunlar ijrosini yo’lga qo’ysangiz, O’zbekiston juda tez va yaxshi tomonga o’zgaradi.
“O’zbekiston Respublikasining keyingi prezidentligiga qaysi shaxs nomzodini qo’llab-quvvatlagan bo’lardingiz?” degan savolingizga javobim: Tili bilan dili, so’zi bilan amali bir bo’lgan, shaxsiy manfaatini xalq manfaatidan ustun ko’rmagan, haqiqatdan ham xalqqa xizmat qilishni istagan, demokratiyani faqat gapda emas, har kungi odimlari bilan ko’rsata olgan, mansabga tish-tirnog’i bilan yopishmaydigan, kerak paytida mansabdan kecha oladigan, tanqidni ig’vo va shantaj deb tushunmaydigan, boshqalarga ham quloq soladigan, mehribon va vijdonli shaxsning nomzodini qo’llagan bo’lardim. Shunday odamlar bormi? Bor. Lekin nomlarini aytsangiz, bugungi sharoitda ularni tezda yo’qotishlari yoki yomonotliq qilishga urinishlari mumkin.
Nigora Ozodjonova, Barselona, Ispaniya: Jahongir aka, faqat tanqidimni to’g’ri qabul qilasiz degan umiddaman, iltimos sizdan. Jahongir aka, shaxsan men sizni erkin demokrat sifatida juda hurmat qilaman! Lekin shaxsiy veb-sahifangizni va maqolalaringizni o’qib angladimki, siz haliyam moziyga qarab ish ko’rayotganga o’xshaysiz. Doimo O’zbekiston hukumatini tanqid qilaverib charchamadingizmi? Nuqul tanqid qilavermasdan o’z shaxsiy g’oya va takliflaringiz bilan chiqib, O’zbekiston hukumatiga yordam berish vaqti kelmadimikan?
Jahongir Muhammad׃ Rahmat tanqidingiz uchun. Lekin moziyga qarab kelajakni ko’rish mumkin. Moziyga yuz o’girsangiz bu kelajakka ham yuz o’girish bo’ladi. Bugunga qadar mavjud hukumatni faqat tanqid qilmadik. Balki g’oya va takliflarni ham aytdik. Bularni Qatag’on(2005.Savol-Javob) , 2006 yil (Savol-Javob) , Hayqiriq (2007. Savol-Javoblar) kitoblarida ko’rishingiz mumkin. Ammo diktator bunday fikrlarga quloq solmaydi. Chunki bunday g’oya va takliflarni u oxir oqibatda o’zining yiqilishiga zamin yaratadi deb tushunadi. Ya’ni katta shubha bilan qaraydi.
Bundan tashqari diktatura va demokratiya ikki qutbdir. Biri biriga zid. Shuning uchun bizning oddiygina takliflarimiz ham katta tanqid bo’lib ko’rinadi. Karimovdan keyin keladigan rahbar, agar istasa, unga chin dildan yordam berishga hozirmiz. Demokratik dunyoda yashab ortirgan tajribalarimiz unga qo’l kelishi mumkin. Agar u׃
-Prezidentlik mangu emasligini tushungan inson bo’lsa,
-Shaxsiy manfaatdan xalq va mamlakat manfaatini ustun qo’ya olsa,
-Xalqqa erkin so’zlash, erkin saylash, erkin ishlash, erkin yashash haqlarini chin dildan kafolatlash niyati bo’lsa biz uning yonidamiz.
O’shlik nonvoychi: Jahongir aka, sizni muxolifatdagi mavqeingiz uchun hurmat qilaman. Ammo, ba’zida, chetdagi o’zbek muxolifati vakillari o’zaro bahamjihat bo’lmasdan, bir-birlarining shaxsiga tegish darajasida haqorat qilishlarini tushuna olmayman. Sizning ham shu kabi fikrlaringizni o’qiganman. O’zaro birlasha olmagan o’zbek muxolifati 27 millionlik xalqni birlashtira oladimi?
Jahongir Muhammad׃ Albatta, biz bir-birimizni hurmat qilishni o’rganmasak, xalq bizni hurmat qilmaydi. Bugunga kelib, ko’pchilik buni anglab qoldi. Ba’zilar esa anglay olmayaptilar. Ya’ni ular o’zlarini isloh qila olmayatilar. O’zini isloh qila olmagan kishi boshqalarga ta’sir qila olmaydigan mavqega tushib qoladi. Buni ko’rib turibmiz. O’zimga kelsak, hech kimning shaxsini haqorat qilganim emas. Doim jurnalistik talablar doirasida, dalillar bilan yozganman va boshqalardan ham shunday javobni kutganman. Lekin afsus..
Birlashish haqida… Bu borada ko’p urindik. Men o’zim 1991, 1992, 1994, 2005 yillarda bu xususda bevosita, amaliy takliflar bilan chiqdim. Lekin ba’zan boshida, ba’zan bir birlashishga bir qadam qolganda harakatlarimiz puchga chiqarildi. Xullas, bunga qariyb 20 yil vaqtimiz ketdi. Bo’lmadi. Ammo bo’lmaydigan narsaning o’zi bo’lmaydi. Balki kelajak buning uddasidan chiqar. Gapingiz mutloq to’g’ri, o’zaro birlasha olmagan kuch xalqni birlashtirishga qodir bo’lolmaydi.
Jamshid Sodiq o’g’li, London: Muxolifatni birlashishi uchun qanday ishlar olib bormoqdasiz? Umuman muxolifatning birlashishiga qanday qaraysiz?
Jahongir Muhammad׃ Bu savolga yuqorida qisman javob berdim. Shuni qo’shimcha qilmoqchimanki, manfaatlar mushtarakligi paydo bo’lsa birlashishning turli ko’rinishlari ham tug’iladi. Demak, bugungacha manfaatlar mushtarak bo’lmadi. Og’izda hamma diktaturaga qarshi bo’lgani bilan qandaydir shaxsiy manfaatlar bundan ustun keldiki, birlashish bo’lmadi. Lekin bir kun siyosiy manfaatlari uyg’un bo’lganlar boshqa-boshqa kimliklari va tashkilotlarini saqlab qolgan holda bitta siyosiy platformada albatta birlashadilar.
Akbar Rahmonov, Qo’shma Shtatlar: Jahongir aka, ko’pgina poraxo’r amaldorlarning chet elga qochib borib, demokrat bo’lib olganlariga guvoh bo’ldik. Umuman haqiqiy demokratlar va amalidan erta ayrilgan amaldorlarni ajratish vaqti kelmadimi?
Jahongir Muhammad׃ Kimning kimligini ko’rsatadigan ko’zgu bu vaqtdir. Biz poraxo’r degan odam balki sof odam bo’lishi yoki biz sof degan odam aslida ashaddiy poraxo’r chiqishi mumkin. Buni ko’p ko’rdik. Biz guvohi bo’lmagan va qo’limiz bilan ushlamagan bo’lsak, gumon bilan birovni ayblay olmaymiz. Gumon iymondan ayiradi. Agar o’sha sobiq amaldor chetga qochib chiqib zolim rejimning kirdikorlarini dalillar bilan fosh etsa, otasiga rahmat. Lekin bitta uyga bekinib o’tirsa va orada bir “men qochib chiqqanman” xirgoyisini qilsa, undaylar o’z o’zlaridan unut bo’ladilar.
Vasila Mirsaidova, Buyuk Britaniya: Jahongir aka, O’zbekistonda erkin va ozod demokratik, fuqaroviy jamiyati qurish uchun birinchi galda qanday ishlarni olib borish shart va zurur deb hisoblaysiz?
Jahongir Muhammad׃ Yuqorida aytganim kabi, jumladan:
-Siyosiy partiyalar tuzish va faoliyat erkinligi,
-Erkin saylovlar,
-Erkin matbuot,
-Erkin so’zlash,
-Erkin mehnat,
-Qonunlar hukmronligi,
-Nohukumat tashkilotlarning kuchli poydevori,
-Zamonaviy texnologiya, xususan internet erkinligi ta’minlansagina demokratik, fuqaroviy jamiyat qurish mumkin.
Asadbek Asadov, London: Jahongir aka, O’zbekistonda Islomiy davlatmi yoki erkin va ozod demokratik davlat qurmoq kerak deb o’ylaysiz? Siz qaysi jamiyatni qo’llab quvvatlaysiz?
Jahongir Muhammad׃ Albatta men demokratik, ozod davlat tarafdoriman. Mafkura masalasida esa, 1997 yilda “Mafkura va mafkurasizlik yoki to’rt tarzli siyosat” deb maoqla yozganman. Bu bir necha tillarda, jumladan ingliz tilida ham chop etilgan. O’sha maqolamga bir nazar tashlashingizni tavsiya qilgan bo’lardim. (http://turonzamin.org/2007/11/05/1-164/)
Omon Fayzulla o’g’li, Turkiya: Nega hozirgi kunda Yusuf Jumadek buyuk millat shoirlari etishib chiqmayapti O’zbekistondan?
Jahongir Muhammad׃ Yusuf Jumadek millatimizning buyuk shoiri oldingi zamonlarda emas, bugungi zamonimizda etishib chiqdi. Lekin biz uni qadrlay olmayapmiz. Uni ardoqlay olmayapmiz. Millatning ming yilda bir tug’iladigan bunday shoiri zolimning zindonida. Uni ozod qilish uchun bosh ko’tarib, so’zimizni har kun, har soatda aytmayapmiz. YuSUF JUMAGA OZODLIK! Bu hayqiriqni hamma joyda, har kun, har soat, har daqiqa takrorlasak, millatimizning vijdonini zolim zindonidan qutqaramiz.
Volodya Zufarov, Rossiya: Siz O’zbekiston prezdenti Islom Karimovning ashaddiy tanqidchisi hisoblanasiz.. Siz prezident Karimovni “kuchli diktator,” deb ham atadingiz. Xo’sh, diktator Karimovning shu darajaga etishishiga sizday O’zbekiston parlamentining sobiq deputatlari aybdor emasmikan? Uning o’z o’rnida haligacha qolishiga balkim siz kabi insonlar zamin yaratmadimikan?
Jahongir Muhammad׃ Qisman haqsiz Bu borada kitoblarimda ko’p yozdim. Hatto aniq ismlar ham keltirib yozdim. Masalan “IAK” kitobida. Hozir uni takrorlashga hojat bo’lmasa kerak. Birgina 1991 yildagi 7-sessiyada bizni qo’llab quvatalashganda edi O’zbekistonning boshiga buncha balolar kelmagan bo’lardi.
Bo’ston: O’zbekiston uchun echim nima? Bitta Karimov ketishi bilan ish bitmaydi. Xalq ham, ochig’i o’zgargan. O’zbekistonga qaytish niyatlaringiz bormi?
Jahongir Muhammad׃ O’zbekiston uchun echim demokratik yo’ldir. Demokratiya bu mafkura emas. Bu xalqning o’z-o’zini idora qilish usulidir. Xalq o’zini o’zi boshqarsa, u o’ziga eng ma’qul yo’lni va mafkurani tanlay oladi.
Karimov ketishi bilan ko’p narsa o’zgarmaydi. Ammo ba’zi narsalar o’zgaradi. O’sha kunlarda O’zbekistonga qaytish niyatim bor. Orzu va umid bizni bugunga qadar ushladi, o’sha kunlar ham nasib etsin!
Abdulla,Toshkent: “IAK” nomli asaringizda O’zbekistonda, xususan siyosat va jamiyatda siz ehtimoliy o’zgarishlar haqida yozgan edingiz. Mana oradan ancha payt o’tdi. Siz kutgan narsalardan qaysilari amalga oshdi va qaysi taxminlarda adashgan bo’lib chiqdingiz?
Jahongir Muhammad׃ O’zbekiston uchun men kutgan ko’p narsalar amalga oshmadi. Agar inson bolasi kutgan narsalarning hammasi amalga oshganda edi, bu dunyo mutloq boshqacha bo’lardi. Men adashgan taxminlardan eng kattasi zolimning zulmati shunchalik uzoq qolayotganidir. Men uning bunchalik turishini taxmin qilgan emasman.
Ruxshona: Jurnalistlarning tanqiddan o’z manfaatlari yo’lida shantaj maqsadida foydalanishiga qanday qaraysiz?
Jahongir Muhammad׃ Bilasizmi, biz hali tanqidga o’rgana olmadik va hazm qila olmaymiz. Shuning uchun ham tanqidni ig’vo, shantaj deymiz, tanqid qiluvchini esa yomonotliqqa chiqaramiz. Agar birovning shaxsiga tegmay, tuhmat qilmay, dalillar bilan tanqid qilsa, bu jamiyatning foydasi. Tanqid qilingan odam birinchi galda nuqsni o’zidan izlashi va topa olmasa madaniyat bilan javob berish kerak. Jurnalist ham odam. U ham xatolardan mustasno emas. Ammo u xato qilmaslikka uringan odam bo’lishi kerak.
O’zbek Turon, Toshkent, O’zbekiston: Hurmatli Jahongir Muhammad. Mustaqil bo’lganimizga 19 yil to’lgan bo’lsa-da, o’zbeklar hanuzgacha ismlardagi ruslardan qolgan qo’shimchalardan ( – ov, – vich, – na) foydalanib keladilar. O’zbeklar o’zligiga qaytsa, ota-bobolari qanday atalgan bo’lsa, shunday atalsa bo’lmaydimi?
Jahongir Muhammad׃ Gap ismda emas, gap jismda, insonning jismida. O’zbekchilik degani ismning qanday yozilishi bilan belgilanmaydi. Kim bolasiga qanday ism beradi va kim ism-sharifini qanday yozadi bu uning xususiy ishi. Bunga bizning aralashishga haqqimiz yo’q. Har bir insonning o’z sharoitidan kelib chiqib qiladigan ishlari bor. Kimdir hujjatlarini qaytadan o’zgartirib chiqishga imkon topolmaydi. Yana kimningdir boshqa sababi bor. Bugun ruscha deb ( – ov, – vich, – na) larni taqiqlasak, ertaga navbat forsacha ismlarga kelmaydimi? Keyin arablardan kelgan boshqa ismlarni ham o’zgartiramizmi?
Bir paytlar Turkiyada hammaga turkcha ism olishni majbur qilishgan. Bugunga kelib u erda bu katta muammodir. Kimning kimligini bilisholmaydi. Odamlar o’z tarixlari, o’z shajaralarini aniqlay olmay qiynalmoqdalar.
Bugun jamiyatda bundanda muhim bo’lgan masalalar bor va oldin ana o’shalar bilan shug’ullanish kerak. Agar jamiyat erkin bo’lsa, odamlarga qulaylik bersa tabiiyki ular o’z istaklari bilan istagan nomlarni oladilar va istaganlari qadar yozadilar. Avlodlar almashavergach, nomlar ham zamonga moslashib boraveradi.
Bugun sabablarini bilmasdan ism-shariflarida qo’shimcha bo’lganlarga zulm qilmaslik kerak deb o’ylayman. Ya’ni bir paytlar ism-shariflarga qo’shimchalar zolimlar tomonidan majburiy tarzda qo’shilgan va biz ham o’sha zolimlarning darajasiga tushib buni majburiy tarzda qilmaylik…
Ozod, Toshkent: O’zbekiston sharoitida O’zbekiston ichida nima qilish kerak?
Jahongir Muhammad׃ Bu savol juda umumiy. Kim nima qilishi kerak? Jurnalistmi? Muxolifatchimi? Hukumat mulozimimi? Shuning uchun savolingizni demokratiya uchun nima qilish kerak, deb qabul qildim.
Bu erda tarixdan mashhur tashkilot hujjatida bundan qariyb ikki yuz yil oldin ilgari surilgan bir talabni eslash o’rinlidir. O’shanda ular o’z tashkilotlariga a’zo bo’ladigan odamlarga “Agar sen tufli tozalaydigan bo’lsang, dushmanning tuflisini yaltiratib qo’ymasang, shuning o’zi ham katta xizmat” deyishgan.
Bizda tufli tozalaydiganlar oz, ammo diktaturaning tuflisini yaltiratib qo’yadiganlar juda ko’p. Deputalikka ro’yxatga olishmasa, “Buni poshshomiz bilmaydilar” deb jar solishadi. Hokimlikdan bo’shatishsa, “Buni prezidentimiz bilmaydilarda” deb oh urishadi. Duo o’qishsa “Poshsho Allohning erdagi soyasi” deb qo’llarini yuzlariga tortishadi va hokazo.
Bugungi O’zbekiston sharoitida O’zbekiston ichida hech bo’lmasa diktaturaga malaylik qilmaslik, uning tuflisini yaltiratib qo’ymaslik ham demokratiya uchun, ozod kelajak juda katta xizmat.
Abror Niyozov, O’zbekiston: Jahongir aka, “buyuk kelajak” o’zi nima va u qachon keladi?
Jahongir Muhammad׃ 1992 yilning boshida Toshkent shahar faollari yig’ilishida Islom Karimov janoblari Talabalar shaharchasida yuz bergan voqealar haqida gapirar ekanlar, olti oy muddat so’ragandilar, bizni buyuk kelajak kutayotganini aytib, olti oyda jannatni qurib berishni ma’lum qilgandilar.
O’shanda u kishi jahannam so’zini adashib jannat deb yuborgan, shekilli, mana oradan 18 yil o’tdi, lekin buyuk kelajak degan tushuncha anqoning urug’i haqidagi afsonaga o’xshab qoldi. Afsonalar chiroyli, diqqat tortar bo’ladi. Eshitib, ishonib, og’zingiz ochilib qoladi. Ammo afsonani eshitish bor, ko’rish yo’q. Biz endi afsonalarning mahliyosi bo’lib qolishdan chekinishimiz kerak. Tarki odat amri mahol bo’lmasin-da!
Xullas, kimdir biz uchun emas, bizning o’zimiz biz uchun istasak, o’zimizga yaxshi kelajakni yaratishimiz mumkin.
Muhammad Fazliddin o’g’li, Pokiston: Men asli afg’onistonlik o’zbekman. Bi-bi-sini doim tinglab boraman. Jahongir aka, siz prezident Karimovni ko’p tanqid qilib kelasiz. Xo’sh, mana shaxsan Afg’onistondagi voqea va hodisalardan xabaringiz juda yaxshi bo’lsa kerak. Men shaxsan tinch va barqaror O’zbekiston mamlakatiga juda havasim keladi. Tinchlik bo’lgan joyda yashash men uchun armon bo’lib qolmoqda. Jahongir aka, janob Karimov olib borayotgan siyosat (u o’z davlatini tinch, urish-janjalsiz boshqarib kelmoqda) nahotki shuning o’zi buyuk ish bo’lmasa?
Jahongir Muhammad׃ Do’stim, Shvetsiyada ham tinchlik. Amerika va Norvegiyada ham tinchlik. Ukraina va Qirg’iziston ham Afg’onistonga aylangan emas. Finlyandiyada yoki Boltiq bo’yi davlatlarida qon to’kilayotgani yo’q. Olis Kanadada ham odamlar tinch va erkin yashamoqdalar.
Siz aytgan gap xuddi yosh bolani “uxla, ana qo’shnimizning bolasini alabo’ji o’g’irlab ketibdi, agar uxlamasang seni ham olib ketadi” deb qo’rqitish uchun aytiladigan gapga o’xshab qolmoqda. Lekin sizni tushunaman. Urushlar va qon to’kilishlar dahshatini yashaganlar uchun tinch diktatura sharoiti ham jannat bo’lib ko’rinadi.
Biz ham tinch va barqaror kelajak istaymiz. Bugungi siyosat esa bugungi muvaqqat tinchlikni ta’minlamoqda. Suvning usti tinch, ammo tagi notinch bir vaziyat vujudga keltirilgan. Biz kabilarning ham maqsadi O’zbekiston kelajagi Afg’onistonnikidek bo’lib qolmasin degan maqsaddir. Ya’ni shu nuqtada siz bilan fikrimiz juda yaqin. Shuning uchun ham kurashning qurolli yo’lini tanlashni emas, bali kurashning demokratik yo’lini tanlashni targ’ib qilib yuribmiz. Bu uzoq yo’l, ammo Afg’oniston yo’lidan yaqinroq yo’ldir.
Akmal Sidiqov, AQSh: Hammaga ma’lumki, hozir O’zbekistonda avtoritar tuzum mavjud. agar Karimov hukumat tepasidan ketsa, bu tuzum davomiyligi saqlanib qoladimi yoki tugatilishi mumkinmi?
Jahongir Muhammad׃ Shu kecha kunduzgi sharoitdan kelib chiqib aytish mumkinki, bu tuzum avvaliga saqlanib qoladi. Bir muddat. Lekin rejim qadam-baqadam buziladi. Tarix million marta isbotlagan narsa bu׃ zolimdan keyin taxt qulaydi. Chunki zolim o’zini asrash uchun taxtini emirgan bo’ladi. O’zbekistonning iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy potentsiali bu rejimni uzoq ko’tara olmaydi. Buni Karimovning o’rniga keladigan odam qancha tez tushunsa, bu mamlakat uchun ham, millat uchun ham, uning o’zi uchun ham shuncha yaxshi bo’ladi…
Savol-javoblarning radioversiyasi BBCUzbek

OBAMA URUSHI

1-dekabr, 2009 yil

Bugun AQSh prezidenti Barak Obama Afg’oniston masalasida bir necha oydan beri tortishilayotgan bahsga nuqta qo’yadi. U saylangunga qadar urushga qarshi edi va Iroq hamda Afg’onistonga ketayotgan mablag’ sarfini to’xtatish Amerikaning ichki yaralariga malham bo’lishini aytib, urushga barham berish muddatlarini ham aytgandi. Bu unga saylovda zafar olib kelgandi. Lekin Oq uyni egallagandan keyin va’dalar ortidan emas, salafining ortidan ergashdi.

U dastlab Afg’onistonga qo’shimcha ravishda 17 ming askar yubordi. Mana endi yana 30 ming. Bu raqamni hali uning o’zi shaxsan e’lon qilmagan bo’lsa ham allaqachon matbuotga sizib bo’ldi.
Oq uy matbuot vakilining aytishicha, Obama bu borada Davlat kotibi Klinton, mudofaa vaziri Geyts hamda Milliy xavfsizlik bo’yicha maslahatchi Jouns bilan yakdil. Xabarlarga qaraganda, vitse prezident Bayden esa qarshi.
Obama bugun kechqurun Nyu York shtatidagi Vest Point harbiy akademiyasidan turib butun amerikaliklarga qiladigan murojaatida Afg’onistonga qo’shimcha 30 ming atrofida askar yuborishini va bu uning “Urushdan chiqish strategiyasi“ ekanligini e’lon qilmoqchi.
Kecha uning ayni masalada Frantsiya prezidenti Sarkozi, Britaniya bosh vaziri Braun, Rossiya prezidenti Medvedev va boshqalar bilan ham gaplashgani aytilmoqda. Obamani qo’lllaganini ko’rsatish uchun Britaniya bosh vaziri Braun Afg’onistonga qo’shimcha 500 nafar askar yuborilishini bildirdi ham.
Qo’shimcha 3 ming yuboriladimi yoki 30 ming yuboriladimi, farqi yo’q. Bu – urush davom etishining ishorati. Oti “Chiqish strategiyasi” bo’ladimi, boshqacha ataladimi, amalda bu Bush siyosatining davomi bo’ladi. Lekin endi bu yog’iga Bushning urushi emas, balki Obamaning urushi deb ataladi. Chunki u Bushning me’rosini o’z gardaniga yukladi. Bu unga ham shuhrat olib kelmaydi, balki bor shuhratini ham yakson qiladi.
Ayniqsa, o’zining demokratlar partiyasi ichida uning so’zlariga ishonganlar, uning shuhratiga sig’inganlar uchun bugun sinov kunidir. Ular adashganlarini qanday hazm qiladilar, ko’ramiz׃ mardona turib xato qildik, deydilarmi yoki ikkiyuzlamachilik bilan “Obamaning boshqa yo’li yo’q” edi deydilarmi?
Tanqid qilish oson. “Nima qilish kerak edi?” deyishingiz turgan gap. Xalq Obamani Bushning siyosatiga qarshi ekanligi, 16 oy ichida askarlarni uyga qaytib olib kelishni va urushga ketayotgan pulni Amerikaning o’ziga sarflashini va’da qilgani uchun sayladi. Og’irmi, engilmi, zafarmi, mag’lubiyatmi, farqi yo’q, u saylovchilar talabiga va o’z so’ziga, o’z va’dasiga sodiq qolishi kerak. Aks holda “demokratiya” degani Amerikada ham “aldov” degan tushuncha bilan almashadi.

RANGSIZ YIL
31 dekabr, 2009 yil
Mana yana bir yil ortda qoldi. Bu yilning zalvorli quvonchlari bo’lmadi. Mayda-chuyda quvonchlar esa katta g’amlarning ostida ezilib ketdi. Yusuf Juma, Evril Turon, Samandar Qo’qonov, Murod Jo’raev kabi fidoyilar bu yil ham zindon ichida qoldilar.
O’zbekistonda hali erkinlik yo’q!
Hali ham zulm taxtni ishg’ol etgan!
Sultonlar rohatda…
Millat azobda…
Shohning dillarida hamon yolg’on daraxtlari o’smoqda!
Rostning bo’yi kallaklangan, kesilgan…
Elning qozonida yovg’on qaynamoqda!
Risqning yo’li bekilgan…
Bolakayning barmoqlarini chanoqlar tilgan…
Yoshlarning umri elchixonalar yonida…
Mardikorlik ko’chalarida to’kilgan!
Boshlarning aqldori chopilgan,
Aqlsizrog’i eshakka teskari mingan.
Kimdir yig’lamoqda giryon-giryon,
Kimdir to’y qilishdan bo’shamaydi.
Dunyoning ko’zlari ko’r bo’lgan…
O’tmish o’lgan, kelajak chala jon!
Bu faqat 2009 yilga xos emas.
Balki tugayotgan o’n yillikning ham, undan oldingi o’n yillikning ham bo’yoqlari bu.
Rangsiz bo’yoqlar…
Nega rangsiz?
Chunki qora rangdan bezib ketdik deganlar ko’paydi.
Istasangiz qizil rangga bo’yang bu yillarni xuddi har yilga bitta nom bergan kabi!
Farqi yo’q! Ranglar ham o’zgartira olmas bu yillarni, bu yo’llarni!
Faqat umid qayta qurar bu yo’llarni.
Sizni umid tark etmasin, umid Sizni yangi yo’llarga boshlasin! Yangi yillarga boshlasin!
Saodat saltanati – erkinlik shamoli ko’ksingizda taxt solsin!

UNING BITTA MANFAATI BOR
1 yanvar, 2010 yil

Taniqli adib, o’z so’zi va o’z uslubiga ega qalamkash do’stim Rizo Obidni tug’ilgan kuni bilan samimiy qutlayman!
Rizo Obid bugun bitta so’z aytib, ertaga boshqa gap aytadigan ijodkor emas. Uning har doim o’tkir, qaytmas so’zi bor! O’z uslubi bor. O’z yo’li bor! Boshqalarga o’xshamagan ovozi bor!
Rizo Obid kimgadir yoki kimningdir kuchiga emas, o’z so’ziga, o’zining kuchiga ishongan inson. Bundaylar hayotda juda kam uchraydilar. Shohni ko’rsa bosh egadigan, mansabdorga qulluq qiladigan, foydaning yo’liga maqtov to’shaydiganlar vijillab ketgan bugungi zamonda tabiiyki Rizo Obid kabilar juda oz.
U menga qaysi bir jihatlari bilan boshqa bir do’stim – Yusuf Jumani eslatadi.
O’jar! Bu o’jarlik men va sizga emas, o’zi o’ziga o’jarlik! Agar ijodkor o’zi o’ziga o’jar bo’lmasa so’zini boy berishi mumkin! O’zi o’ziga o’jar bo’lmagan ijodkor o’zini boy berishi mumkin! So’zini va o’zini boy bergan esa ijodkor emas, shunchaki ilhomning ortidan quvib yuradigan kapalak! Unga havas qilishlari, uni sevishlari, uni maqtashlari mumkin, ammo u baribir kapalak. Yuragi yo’q o’jarlikni tashiydigan! U guldan gulga qo’nadi… qo’nimi yo’q uning!
Qo’nimli inson bo’lish ham juda qiyin. Yusuf Juma kabi Rizo Obid ham qo’nimli inson.
Biz ko’pincha odamlar unday bo’lishi, bunday bo’lishi kerak deymiz. Bu odamlarni o’zimizga moslash degani. Vaholanki, har kimning o’z dunyosi bor. U ana shu dunyosi bilan tirik. Kimki uni boshqa dunyoga moslaydigan bo’lsa, demak uni mahv etishga azm qilgan bo’ladi. Men shaxsan Rizo Obidning dunyosini hurmat qilaman.
Qarang, Rizo Obid biror joydan grant olmaydi, birovga bosh egmaydi, birovdan pul so’ramaydi, bir burda nonini oltinlardan ustun ko’radi – ammo Vatanni unutmaydi, har kun, har soat Vatan haqida qayg’uradi! Menimcha Vatanga haqiqiy xizmat mana shu! Uning xizmatlari ortida u kutgan katta manfaat bitta-Vatanning ozodligi! U ana shu manfaatiga qovushsin ! O’shanda uning baxti bus-butun bo’ladi.
Men zamondosh, ijodkor do’stimni baxti bus-butun bo’lgan saodatli kunlarda ham bugungidek o’z so’ziga sodiq va o’z – o’ziga o’jar ko’rishni istayman.
Tangri sizni ham bu dunyoda yuzga yuzlashgan otangiz kabi ardoqlab, uzoq umr bilan siylasin! Tug’ilgan kuningiz muborak, do’stim!

Muhtaram o’quvchilarimga!

3 Aprel, 2010
Mana 11- martdan beri siz uchun hech narsa yoza olmadim. Shundan beri menga sim qoqqan yoki elektron maktub yo’llab nima gapligini surishtirgan barcha do’stlarga chin qalbdan minnatdorchilik bildiraman.Ularga javob yoza olmaganim uchun uzr so’rayman.
Inson issiq jon deydilar. Bir tibbiy amaliyot kechirishiga to’g’ri keldi. Alohga aytganimiz, yoqqan tomonimiz bor ekan, mushkulimizni oson qildi, shukur salomatligimni butunlay qaytib berdi. Hozir tuzalib qoldim va mana shu satrlarni yozish imkoniga egaman.
Deyarli har kuni mendan xabardor bo’lib do’stlardan, bosh uchimda tunlarni tongga ulagan umr yo’ldoshim va farzandlarimdan buni boshqa tanish-bilishlarga aytmay turishlarini iltimos qildim. Chunki ularni ham tashvishga va noqulay ahvolga qo’ymalsik niyatida hamda vatandagi yaqinlarimni vahimaga solmasik uchun shunday qildim.
Ammo taniqli adib Rizo Obid kabi har kuni kasalxonaga telefon qilib, mening ruhimni ko’tarib turgan ko’plab insoniy fazilatga sohib qadrdonlarga minnatdorchilik bildiraman. Ularga qulluq!
Shu orada “Turonzamin” boshlovchisi Bobur Xoliqnazar ham safarga ketib, saytga kirishning texnik imkoni bo’lmadi. “Turonzamin” ham yangilanmay qoldi. Lekin unda shunday ham o’qish uchun ko’p narsa to’plangan. Shunga qaramay mana endi bu “kamchilik”ning ham o’rnini to’ldiradigan payt keldi. Yaqin kunlardan e’tiboran saytlarimiz yangilanib boradi va qisqa vaqtga uzilgan muloqotimiz tiklanadi.
Hammaga sihat salomtlaik tilayman! Alloh doim qo’llab-quvvatlasin va mo”jizasi nasib etsin!

“LOLA”NING BAG’RI XUN
yoki Inqilob inqillab qolganda

7 Aprel, 2010
Inqilob xronik-davomli kasalga aylanmasligi kerak. Agar xalq yoki uning bir guruhi inqiloblar orqali hokimiyatni qo’lga kiritishi odat, an’ana tusiga kirsa, bu mamlakat qon ko’liga aylanadi.
Qirg’izistonda ilk “Lola” inqilobi yuz berganda sevingan edim. Chunki bu – xalqning o’z ozodligini o’z qo’liga olishi edi.
Shunday bo’ldi ham. Qirg’iz xalqi demokratiyaning eng muhim elementlarini hayotga joriy etdi. Saylov, siyosiy partiyalar, so’z erkinligi borasida ilgarilab ketildi.
Har qanday hukumat bo’g’uvchidir. Ba’zilari qonuniy yo’llar balan, ba’zilari esa yakkahokimlik balan buni amalga oshiradi..
Demokratiya qachonki qonunlar diktaturasiga aylanasa, u emin-erkin yashay oladi. Bo’lmasa o’ladi yoki o’ldiriladi.
Ko’pchilik politologlarga yoqmaydigan Yuliya Timoshenkoga men qoyil qoldim. U yaqinda Ukraina prezidentlik saylovida yutqazdi. Inqilob yo’li bilan qo’lga olingan boshqaruv erkin saylov yo’li bilan boy berildi. Demokratiya totli bodom danaklari bilan to’ldirilgan xalta emaski undan doim og’izga yoqadigan narsa chiqsa. Uning achchiq tomonlari ham ko’p va shunga chiday biladiganlar unga sohib chiqa oladilar. Timoshenko birinchilardan bo’lib buni tushundi va “men tarafdorlarimni maydonga chaqirmayman” dedi. Ba’zilar “U tarafdorlari ozligini va yutqazishini bilgan, yutishini sezganda chaqirardi” deyishlari mumkin. Lekin hamma gap mana shu bilishda, anglashda. U o’sha ozchilikni chaqirib ham demokratiyaning qotiliga aylanib qolishi mumkin edi. Mana shuni anglab shu yo’lga bormaganiga qoyil qolgan edim.
Qirg’izistonda “Lola” inqilobidan keyin Baqievlarni hokimiyatga olib kelgan Moskva yoki Vashington emas. Inqilobchilarning o’zlari. Saylovlarda ham ularni saylagan o’sha inqilobchilar. Bu hukumat ularning ishonchlarini oyoq osti qila boshladi. Bu ham bor gap.
Demokratik yo’llar bilan yashashga o’tish kerak edi. Shuncha xalqni ko’chaga olib chiqish imkoni bor ekan, demak ularni saylovga olib chiqish kerak edi. Amerikada Obama millionlab qora tanlilarni saylovga olib chiqdi. Lekin bugun ularning ba’zilari undan norozi. Lekin demokratik kurash yo’lidan bormoqdalar. Saylov bilan so’z aytmoqdalar. Ketma-ket ikki shtatdagi saylovda Obama tarafdorini mag’lubiyatga uchratishdi va unga o’z “signallarini” berishdi׃ “O’zingni o’ngla!”. Demokratiya mana shunday yashashi kerak.
Bundan bir necha yillar oldin qora tanlilar Vashingtonga bir millon odamni to’plashgandi. O’sha norozilik Oq uy va Kongressning ostonasida o’tgandi. Deyarli har oy ming-minglab odamlar namoyishga to’planadilar. Ular juda katta kuch va binolarga bosib kirishlari hech narsa emas. Lekin buni qilmaydilar. Chunki ularning maqsadi demokratiyani o’ldirmoq emas, balki uni asrash.
Ha, anglaganingiz kabi biz hali demokratiya nimaligini bilmaymiz. Xuddi islom nimaligini anglamaganlar islomiy davlat quraman deb qo’lga qurol olganlari kabi bugun demokratik inqilob uchun ham qo’lga qurol olinmoqda. Bu ongning jamiyatdan orqada qolishi yoki o’zib ketishi holida yuz beradigan hol. Ya’ni normal hol emas.
Shuning uchun ham qirg’izlarning bu safargi ”inqilobidan” sevinmadim, balki xafa bo’ldim. Qon to’kilmasligi kerak edi. Baqievlar kelib ketuvchilardir. Lekin demokratiya saqlab qolinishi kerak.
Xo’sh, bu boshqaruvni ag’darib tashladingiz va o’rniga yangisini o’rnatdingiz. Nima, uning muxolifati bo’lmaydimi? Bo’ladi va bugungidan ham kuchliroq. U ham ayni yo’lni tanlasa-chi? Keyingisi ham… undan keyin ham…Bu “qilich bilan kelgan qilich bilan ketadi” degan xronik kasalga aylanmaydimi? Yoki bu narsa avtoritar rejim orzusini va o’zini paydo qiladi hamda kuchlantiradi.
Demak, demokratiyani orzu qilish va o’rnatish barobarida uni yashatishni ham bilish kerak ekan! Mana shunisi oson kechmaydi. Ayniqsa, bizda – har birimizning qonimizda, ruhimizda yakkkahokimlik zarpechagi o’ralib turgan mintaqalarda.

BU HAM TASODIFDIR?

7 Aprel, 2010
Besh-olti yil avval xalq hayotini o’zgartirishni ko’zlab qilingan inqiloblar “AQSh tomonidan amalga oshirilmoqda” deya sarosimaga tushgan Rossiya bu yoyilib ketayotgan harakatdan foydalanib qolishga uringani 2005 yil Andijon voqealaridan keyin aks sado bergandi.
AQShda Putin kabi zo’ravon Bush ma’muriyati ketib, o’rniga Medvedov singari bo’shalangroq ko’ringan Obama kelishi bilan Rossiya “erga urilgan” mavqeini tiklab olish uchun kirishdi. Dastlab Gurjistonda harbiy o’yin yuz berdi. Gurjilarning katta qismi bu o’yinni anglab qoldi. Garchi butun Gurjistonni bo’lmasada Rossiya Abxaziya va Janubiy Osetiyani Tbilisidan “ajratib oldi”. Vaqti kelganda bu ikki “musht”ni ishga solishi turgan gap.
Gurjiston masalasida Avropa oyoqqa turgani Rossiyaning ishtasini biroz bo’g’di. Shuning uchun bir qadam orqaga tashlab, ikki qadam oldinga yurdi.
Inqiloblarning yana bir markazi-Ukrainadagi saylovlarda Kreml o’z odamini hokimiyat tepasiga olib kelishga erishdi. Ukrainaliklar qon to’kilishidan chekinib turishga aqllari etdi. Lekin baribir Rusiya Ukraina “ot”ini Kreml “qozig’i”ga bog’ladi. Bu esa unga kuch berdi va navbatdagi nuqtaga ko’z tikdi.
Qirg’izistonda ish oson kechishi Kreml korchalonlariga ayon edi. Chunki Baqiev komandasi boshi bilan ifloslik botqog’iga botgandi. Ikki oy Rossiya televideniesi bu botqoq “sathi”ni ochish bilan shug’ullandi. Har kuni Baqievlarning qilmishlari haqidagi “portlovchi” chiqishlarni seriallar kabi tomosha qilgan qirg’izlar g’azab uloviga minib oldilar.
Moskva bir hamla bilan yoqilg’i mahsulotlari tanobini tortishga erishdi. Ota-bobosi gaz va elektrsiz ham “Manas”ni yozgan xalqni gaz va elektr narxi oshgani ko’chalarga olib chiqdi. Xalqni halqum boshqara boshladi. Ming mashaqqat bilan olingan demokratiya qonga botirildi. Moskva mamnun. Bu inqilob “eshagi” ham Kreml qozig’iga bog’landi.
Ana shu voqealardan keyin Polsha prezidenti va oilasi boshiga tushgan halokat ham turli tuman o’ylar uyg’otiish tabiiy. Esingizda bo’lsa, Lex Kachinskiy hokim ekan Varshavadagi ko’chalardan biriga Javhar Dudaev ismini bergandi (Putin prezidentligi paytida!), keyin prezident bo’lishi bilan bergan bayonotida kerak bo’lsa Putinning o’zi meni ko’rishga kelsin kabi gaplarni aytgandi. U ayni paytda Xatin qatliomi uchun Putin Rossiyasi uzr so’rashini kun tartibidan tushirmay kelayotgan lider edi.
Bu ham tasodifdir, xuddi Gurjistonga tanklar kirgani kabi?
Bu ham tasodifdir, xuddi Ukraina prezidentining yuzi kuydirilgani, saylanmay turib Yanukovichning qutlangani kabi?
Bu ham tasodifdir, 2005 yilda inqilobda voqealar olisdagi O’shda boshlanib, keyin Bishkekka ko’chgani, 2010 yilda esa Talasda talato’p qilinib Bishkekda davom etgani kabi?
Bu ham tasodifdir, markazning diqqatini olisdagi bir nuqtaga-Abxaziya, Qirim, O’sh, Talasga- tortib keyin yoshlarni poytaxt ko’chalariga olib chiqish kabi?
Bu ham tasodifdir, Abxaziya va Janubiy Osetiya liderlari, mana endi Bishkekda davlat to’ntarishi qilganlar vakili ham darhol Kremlda qabul qilinishi kabi?
Balki bu ham tasodifdir, xuddi Andijondagi xalqni “qurolli qo’zg’olonchilar” deb ayblab, Bishkekdagilarni “tuzum va rahbariyat dastidan ezilgan bechoralar” deyilgani kabi?
Agar shunday bo’lsa, nega bu tasodiflar buncha ko’p?
Dunyoning qora siyosati tasodiflar niqobini kiyib oldimi?

3 Responses

  1. […] 32.Havzi qulqulum […]

  2. […] 32.Havzi qulqulum […]

  3. […] 32.Havzi qulqulum […]

Comments are closed.