JAHONGIR MAMATOV:Karimov va Madaminov – “Siam egizaklari”

Hujjatli kitob

1. NEGA BUGUN?

O’zbekistonda Oliy sud raisi, Adliya vaziri, O’zbekistonning AQShdagi elchisi bo’lib ishlagan, 1994 yilda O’zbekistonda demokratiya oyoq osti qilinmoqda, degan bayonot tarqatib, AQShdan siyosiy boshpana olgan Muhammad Bobur Malikov bilan muloqot

-Bobur aka, keyingi kunlarda ba’zilar menga Salay Madaminov haqidagi faktlarni shuncha yil nega yashirib kelgansan, deb asossiz iddao qila boshladilar. Xabaringiz bor, men bu faktlarni bugun o’rtaga olib chiqqanim yo’q va doim bu haqda gapirib kelmoqdaman. Bu esa, shunday iddao qilayotganlarning yo muxolifat tarixini bilmasliklarini, yoki Madaminovning qilmishlarini xaspo’shlashga urunishlarini ko’rsatadi.

Lekin gapning o’g’ilbolasini aytganda, keyingi yillarda u haqda gapirishni ozaytirgan edim. Buning sababini esa siz bilasiz. Kim bo’lishidan qat’iy nazar agar Karimov rejimiga qarshi bo’lsa, u haqda gapirishni to’xtataylik va hammamiz birlashib, bir musht bo’lib, zarbani diktatura rejimiga qarataylik, degan orzuimiz bor edi. Ammo bizning ana xolis niyatimizdan Madaminov xuddi 15 yil davomida bo’lgani kabi yana bir marta foydalanib qolishga urindi. Muxolifatni birlashmaydigan nuqtaga olib keldi. Demak, biz xato qildimki?

-Menimcha biz unga yana bir marta imkoniyat berdik. Ammo u bu imkoniyatni yana o’z shaxsiy manfaatiga qurbon qildi. Bugunga qadar ko’p gaplar aytildi. Ammo men hali jamotchilik bilmagan va Madaminovning kimligini o’rganishga xizmat qiladigan juda muhim ma’lumotlarni o’rta qo’ymoqchiman.

-Keyin sizni ham nega shu paytga qadar indamadingiz deya ayblamaydilarmi?

-Madaminov atrofida uch-to’rtta orabuzar yoki Davron Sharipov imzosi bilan yozadigan Madaminovdan boshqaning ayblashiga ko’zim etmaydi. Chunki, bilasiz ikkalovimiz liderlikka da’vo qilmasdan hammani Karimov rejimiga qarshi kurashda birlashtirishi uchun ko’p urindik.

Andijon voqealaridan keyin Madaminovni bu erga qanday taklif qilingani, shu paytga qadar AQShga hatto viza ololmay yurgan bu shaxsga qanday yo’l ochilgani sabablarini ikkalamiz bilamiz. U kelganda men katta boshimni egib, aeroportga chiqqanman. Uni uyimga olib kelib, mana sizlarni ham chaqitirib uchrashtirganman.

Hatto bizning nomimizdan gapirish vakolatini istaganda, men oraga tushib, unga shu vaqolatni olib berdim. U esa, ertasiga Nyu Yorkka borib, o’zini butun muxolifatni lideri, deb e’lon qilingan Bayonot matnini yubordi. Men shunda uning vakili Sulaymon Murod bilan gaplashib, vijdoni bo’lsa aytin, sizning lideringiz hali ham xudbin ekan, dedim.

Biz unga AQSh Kongressida nomimizdan gapirish vakolatini berdik, uni lider deb e’lon qilganimiz yo’q, dedim. U gapimizga parvo qilmadi. Esingizda Reston shaharchasida uchrashganimizda, men jahlim chiqib, stolni mushtlab unga shaxsiy manfaatni bir tomonga qo’y va mamlakat masalasini o’yla, deb aytdim.

Yo’q, u bizning urinishlarimizni qadamba qadam buzdi va siz uyushtirgan Kongress majlisida hali faqat bir oraga kelganimzini e’lon qilish bilan cheklanamiz va yana uchrashib, qolgan gaplarni gaplashamiz deganimizga qaramay u qandaydir uch-to’rt kishining nomini yozib, o’z rahbarligida Birlashgan muxolifat koalitsiyasini tuzganini e’lon qilib yubordi. Nima bo’ldi? AQSh Kongressida u bilan birga muhokamada qatnashishi kerak bo’lgan hukumat mulozimlari va boshqa rasmiylar oldindan rozilik beranlariga qarmay kelmadilar. Bu sharmandalik edi. Bu o’zbek muxolifatining sharmandaligi bo’ldi.

Shundan keyin uni bu erda Davlat departamneti va Xavfsizlk kengashida ham avvla belgilanganiga qaramay qabul qilishmadi. U ikki hafta kutdi ammo turli bahonalar bilan uni qabul qilishmadi. Vaholanki har qanday odam murojaat etsa ham qabul qilaverishadi, aslida. Gapning po’stkallasini aytsam, uning kimligini bilib qolishdi, u bu idoralar uchun u tamom bo’lgan siyosatchidir. Balki o’z manfaatlaridan kelib chiqib, nohukumat tashkilotlar yoki Kongressdan unisi yo bunisi qabul qilar. Lekin bu hech narsani o’zgartirmaydi. Unga endi yalang’och siyosatachiga qaragan kabi ham achinib, va hamda kulib qaraydilar.

-Bu borada menda juda ko’p hujjatlar to’planib qolgan. Kelgusida ularni e’lon qilib boramiz. O’shanda Andijon voqealaridan keyin birlashuv uchun juda katta imkoniyat paydo bo’lganda kim buni oyoq osti qilgani ham dalillandi…

– Unutmang, ana u iddao qiluvchilar bilib qo’ysinlar, shundan keyin ham siz bilan birga bir necha marta unga imkon tanidik. Men o’zim uning tarafdorlari bilan gaplashdim. Ammo otdan tushsa ham egardan tushmaydi. Aslida ot yoki egarning o’zi ham yo’q.

Abdurahim Po’latov bilan ham uchrashib uning kamchiliklarini juda keskin ravishda yuziga aytdik. Madaminovni ham yana birlashuv yo’liga boshlashga urindik. U nima qildi? Muxolifatni masxara qildi. Karimovni diktator, deb yurgan odamning o’zi demokratik siyosatga zid ravishda, muhokamasiz, bachkana diktatorlarga xoslik bilan o’zini prezidentlikka nomzod qilib e’lon etdi. Yana muxolifatning ustidan kulishdi. Bu kuningizdan o’lganingiz yaxshi degandek qo’l siltaganlar bo’ldi. Shunda ham Madaminovni tanqid qilsa, Karimovga xizmat qilgan bo’larmish. Tushingizni suvga aytding. Nima Madaminov oydan tushdimi?

2. KARIMOV-KET! MADAMINOV –KET!

-Bobur aka, agar Madaminov “oydan tushmagan” bo’lsa, 1994 yilda nega uni qo’lladingiz va hatto uning taklifi bilan Istanbulga bordingiz? Yodingizda bo’lsa, birgalikda tahririyatlarga ham borgan edik…

-Ha, men borganman. Turkiyada juda ko’p mulozimlar bilan uchrashganman va uni qo’llashlarini so’raganman. Men bu bilan uning shaxsini emas, balki o’zbek muxolifatni qo’llashlarini so’ragandim. Uning bu qadar o’z shaxsini o’ylaydigan, xudbin ekanligini qayoqdan bilay? U Karimov bilan do’stlashib, (bu haqda keyinroq muhim ma’lumotlarni keltiraman), Karimovning o’yinlariga kirib, xatolar qildi, boshi devorga urilib, ko’zi ochildi, deb o’ylagan edim. Keyin AQShga kelganida ham unga hamrohlik qilganman. Maqsad, hammamiz bir bo’laylik, degan fikr edi. U bu erga kelganda ham asosiy diqqatni Abdurahim bilan janjalga sarflagan. Qachon kelmasin, albatta janjal qilib ketadi. Abdurahim ochiq janjal qilsa, Madaminov ustalik bilan uyushtiradi. Keyin bilib qolib, yoqangni ushlab yurasan. Chunki u mahoratli siyosatchi emas. Juda ham sodda va o’zini maqtagan odamning quliga aylanib qoladi. Bu esa siyosatchi uchun nazardan qolish demakdir. Shu o’rinda men unga laqma-o’jar siyosatchi degan baho bergan bo’lardim. Bir tomondan ochiqdan ochiq laqmaligini ko’rsatadi, ikkinchi tomondan o’jarlik qilib ana shu laqmaligini himoya qiladi.

-Mana shu xususda ko’pchilik ayni bahoni berishmoqda. Madaminovning uydirma maqolasiga javobim e’lon qilingandan keyin taniqli siyosatshunos Toshpo’lat Yo’ldoshev bilan gaplashsam, u qiziq bir manzarani chizdi.

“Men Madaminovni uzoq yillardan beri taniyman, -dedi 64 yoshni qarshilagan Toshpo’lat aka.- Saylovga kirganda u hatto o’z tarjimai holini siyosiy nuqtai nazardan yozib berolmagandi. Men yozib bergandim. Gap bunda emas. Gap shundaki, men ilgari Madaminovning “ishonchli qal’asi” bo’lgan Otanazar Orifovning uyiga borib turardim.O’sha paytda Madaminov uning uyiga telefon qilib qolib, gapning ochig’i hech narsaga arzimaydigan shaxsiy kitoblarini qaerga va kim orqali yuborganini aytardi. Keyin men Otanazar akaga “Bunaqa qilmanglar, axir telefoningizni eshitib turishibdi, o’sha odamlarni ushlab qamashadi”, desam, u “Biz maxsus dialektda gaplashamiz, ular tushuna olmaydilar” derdi. “Mana men tushunib turibman-ku, ular qanday tushunmaydilar” desam, Otanazar aka elka qisib qo’yardi. Ertasiga esa telefonda nomi aytilgan odamlarni ushlashardi. Agar u hukumatga ishlagan odam bo’lsa, qo’yib yuborishar va besh to’rt so’mga yollangan bechora bo’lsa, qamalardi. Buni bir qarashda soddalik ham deyish mumkin. Aslida esa soddalik emas…”

Shu o’rinda men Toshpo’lat Yo’ldoshevga javob qilmoqchiman׃ Madaminov “Odamlar qamalib chiqsa, chiniqadi va doimiy muxolifatchi bo’ladi” degan laqma nazariyaga ega edi. Shuning uchun ham o’ziga aloqasi bor odamlar haqida lom-mim demay, o’ziga aloqasi bo’lmagan odamlar haqida jar soladi, ularni qutqaraylik, deb bayonotlar beradi. Vaholanki, shunday ham dunyo jamoatchiligi o’sha odamlarni qutqarish haqida bong urayotgan bo’ladi. Qarabsizki, bu narsa kalla desa, salla keltiruvchilarga qo’l keladi va “Mana bu odam ham Madaminov bilan bog’liq” deb ishga to’n kiygazadilar. Shuning uchun qamalganlar uning vijdonini yondirishi kerak.

-Jahongir, esingizdami, bizning uyda o’tirganda “Kim meni qo’llanmoqchi bo’lsa, men undan oldin uni qo’llanaman” degan edi. Bu o’ziga juda ham katta baho berib yuborishdir. Xuddi ana shu narsa Karimovda ham bor. U o’zini hammadan aqlli va ustun deb hisoblaydi, boshqalarni oyoq uchida ko’rsatadi. Boshqalarning aqlli ekanligini sezib qolsa, ularni yomon otli qilishga urinadi. Ana shu narsani Madaminovda ham ko’rdim. E’tibor qiling, uning atrofida ham, Karimovning atrofida bo’lgani kabi chuqur mushohada qiladigan odam qolmadi.

-Ha, Madaminovning atrofidagilarning aytgan va yozgan har bir gaplari uni yaralamoqda. Xuddi Karimovning malaylari Karimovni yaralab kelayotganlari kabi. Madaminovning “jiyan”lari argument bilan gaplasha olmaydilar, faqat so’kinishni biladilar. Kurakda turmaydigan gaplarni og’izga oladilar. Karimov va uning atrofidagilar ham xuddi ana shunday. So’kinish va haqorat ularning eng asosiy xislatlari. Shuning uchun ham ular tanqid nima ekanligini bilmaydilar. Tanqid demokratiyaning eng asosiy richagi. Tanqidni ig’vo deb baholagan odam qanday qilib demokrat bo’lishi mumkin, bu diktatorlik kasalining alomatidir. Diktatorlar tanqidni ham, tahlilni ham ig’vo deb tushunadilar va bilmagan holda o’zlari ig’voga kirishib ketadilar.

-Mana sizga taqqoslash uchun ikki misol keltiraman. Oliy Kengashda yangi sudyalarni tasdiqlashganda deputatlar ular haqida menga ko’p savollar berishgan. Men hammasiga javob berishga uringanman. Shunda Karimov meni xonasiga chaqirib, rosa bo’kirgan. “Nega buncha so’zga chiqasan” deb koyigan va men so’zga chiqqanimda majlisni tashlab chiqib ketganini aytgan. Unga ko’ra men emas, uning o’zi javob berishi kerak yoki mening bir narsa bilishim ko’rinib qolmasligi lozim.

Endi, 2005 yilda Madaminov AQShga kelganida u meni Vashingtonga chaqirdi. Mayli, deb bordim. Borsam, Oq uyga yaqin hashamatli, juda qimmatbaho bir mehmonxonada qizi bilan turgan ekan. Bu erda xorijdan kelgan odam bir tomonda tursin, hatto AQShda yashagan uncha-buncha odam ham tura olmaydi. Yonida Farhod Inog’omboev ham bor edi.

O’shanda men unga birlashishning yana bir usulini taklif etdim. Bu Karimov rejimiga qarshi kurash yo’lida partiyalararo shartnoma tuzish yo’li edi. Dastlab “Ozod dehqonlar” bilan, keyin esa “Birlik” bilan… Men unga bu taklifni bir necha marta aytdim. U qabul qilmadi. U menga faqat o’zining ortida qandaydir 12 ta tashkilot turganini ro’kach qildi. Mana bugun “60 ta tashkilot orqamda” deb jar solmoqda. Bu xuddi Karimovning butun dunyo biz bilan, degan axmoqona siyosatinig bir ko’rinishidir.

-Bobur aka, kimki Madaminovni maqtamasa, dushmanga aylanadi va unga qarshi ig’vo kampaniyasi boshlanadi. Madaminovning jiyani Safar Bekjon nomidan chiqqan qora kitobni eslang. 1994 yilda chiqarilgan va muxolifat uchun berilgan grantlar evaziga turli tillarga tarjima qilingan bu kitobda qoralanmagan odam qolmagandi. Hamma qora va Madaminov oq qilib ko’rsatilgandi. “Erk” gazetasi ham onda-sonda bir chiqsa-da, albatta asosiy maqolalar muxolifat a’zolarini qoralashga va Madaminovni ulug’lashga qaratiladi. Madaminovning o’zi yozgan kitoblarda ham u Karimovdan ko’proq Po’latovlar haqida yozgan. Bugunga kelib esa, shunday iddao qilishmoqdaki, go’yo faqat Madaminov tanqid qilinmoqda emish.

-Jahongir, nima deyapsiz? Men uni uyimga olib kelib, unga tuz bersam, u qaytib borib, Davron Sharipov nomi bilan meni ham chaynagan. Nima emish, men Hasan G’oziev degan mafiozning klienti emishman. Meni Turkiyaga chaqirib, hukumat idoralariga olib borib, maqtaganida men mafiozning klienti emas edim. Meni “ERK”ning Vashingtondagi vakili, deb e’lon qilganda va AQSh safarlari chog’ida men taniqli siyosatchi va taniqli diplomat edimu, endi uni tanqid qilganimda, mafioz bo’ldimi?

Ko’rdingizmi, unga bu narsa beshikda tekkan, shekilli. Lekin bugun biz u haqda gapirayotganimizning muhim sababi uning siyosiy arbob darajasiga eta olmaganini ko’rsatishdir. U juda katta da’vo qilmoqda. Butun muxolifatga liderman deb jar solmoqda va O’zbekistonga prezident bo’lmoqchiman deb har qanday yo’lga bosh urmoqda. Shunday ekan, bunday odamning kimligini bilish hammaning haqqi. Bu demokrtik tamoyil. Biz endi hammamiz bir bo’lib “KARIMOV-KET! MADAMINOV –KET!” deyishimiz kerak!

3. KARIMOVGA KIM YaShIL ChIROQ YoQQANDI?

-Bobur aka, bugunga qadar eng ko’p tortishilgan narsa 1990 yillarning boshida Karimovning Madaminovga yaratib bergan imtiyozlari va “ERK”ning ro’yxatga olinishi masalasidir. Agar demokratiyalarga qarasangiz, muxolifat hukumat bilan ochiq kelishishi va hatto koalitsiya tuzishi ham mumkin. Bu normal hol. Lekin Madaminovni Karimovdan kvartiralar va mashinlar olganlikda, shu yo’l bilan muxolifatni sotganlikda ayblab kelishmoqda. Karimov uni “Birlik”ni parchalashda qo’llangani va shuning evaziga hadyalarga botirgani aytiladi.

Siz o’shanda Adliya vaziri edingiz. Madaminov iddao qilib kelayotgani kabi “ERK” demokratik qoidalar asosida ro’yxatga olingan edimi? Agar shunday bo’lsa, uni ayblashga o’rin qolmaydi. Shu masalaga oydinlik kiritsangiz.

-Mana men ochiq gapni aytaman. Menga Karimov telefon qilib, “Darhol “ERK”ni ro’yxatga ol!” deb buyruq bergan. Hech narsaga qaramay ro’yxatdan o’tkazganman.

Ana endi yodga oling, Madaminov shundan keyin qanchalik o’zgardi?

-Unga “Volga”lar berilgan va hatto Ichki Ishlar vazirligi uchun ajratilgan maxus nomerlar qo’yilgan edi. Bu nomerli mashinlarni hech kim to’xtatmas edi. Uni Karimovning topshirig’i bilan yakka o’zini, muqobil nomzodsiz deputat qilishgandi va hokazo. Mana shu narsalar bekorga edimi? Yoki “Birlik”ni parchalagani uchunmi? Yoki Karimov shunchalik saxovatli odam edimi?

-Karimov hech qachon bekorga ish qilmaydi. “Birlik” parchalangani borasida esa, uni bevosita bilganlar gapirishmoqda va gapirishadi. Men esa bevosita o’zim ishtirochisi bo’lganim bir voqeani aytib beraman, xulosani o’zingiz chiqarib oling.

O’shanda Rossiya va O’zbekiston orasida shartnoma imzolanishi kerak edi. Bu hujjatning loyihasini tayyorlash uchun Moskvaga Karimovning maslahatchisi Shoxobidin Ziyomov borgandi. Unga imzolanadigan shartnomaga O’zbekiston demokratik yo’ldan ketadi va buning uchun zudlik bilan qanday odimlar otadi, mana shu narsa kiritilmasa imzolanmasligini aytishgan.

Karimov menga telefon qilib, Moskvaga borishimni va bu hujjat loyihasini tezlashtirishimni buyurdi. Uning uchun bu juda ham muhim hujjat edi. Bu hujjat unga dunyoga yo’l ochardi. O’shanda Rossiya demokratik davlat sanalardi va uning ittifoqdoshi ham demokrat deb qabul qilinardi.

Men ertalab samolyotga chiqsam, Madaminov ham o’tiribdi. Kechagidek esimda. Qo’lida bir surat bor edi, kimgadir hadya uchun olgan bo’lsa kerak?

U biz bilan O’zbekistonning Moskvadagi vakolatxonasiga bordi. U paytda vakil -“postpred” bo’lardi. “Postpred”ning birinchi o’rinbosari Zorinning xonasida o’tirganmiz. Madaminov O’zbekistonda demokratiya boshlangani va mamlakat shu yo’lga kirganini o’z qo’li bilan yozib bergan va shundan keyin chet elga ketgandi. Shu hujjat bilan ruslar shartnoma matniga rozi bo’lishgan. Karimovga mana shunday yashil chiroq yoqilgandi.

Men hukumat vakili edim va Karimov aytganini bajarishga majbur edim. Ammo Madaminov o’zi yo’lida kurashmoqdaman, degan demokratiyani man shunday osongina bichib tashlagan.

Shundan keyin Karimov unga har qancha imtiyoz qilib bersa ham kam edi.

-Bobur aka, bu dahshatku?! Buni nima deb atash mumkin, bu sotqinlikmi, siyosiy jinoyatmi, nima bu o’zi?

-Bunga muxolifatchilar, tarixchilar va O’zbekistonning kelajagi bilan qiziquvchilarning o’zlari baho bersinlar!

4. YaLANG’OCh “QIROL”

-Bobur aka, ma’lumki, Madaminov Turkiyadagi liderlarni o’rtaga qo’yib, O’zbekistonga qaytib, biror mansab olishni istagan paytlar ham bo’lgan. Jumladan, u Turkiya milliyatchilarining saksondan oshgan lideri Alparslon Turkash orqali Toshkentga xat jo’natgan.

Madaminov o’zi yozib, Bahodir Fayzi nomidan e’lon qilgan “Muxolifat tarixi” degan kitobida shunday xatlardan birini bilib-bilmay keltiradi. Ana shu xat Madaminovning millat va mamlakatdan ustun turadigan manfaatlari borligini ko’rsatadi.

Shunday xatlardan biriga javoban Islom Karimov Alparslon Turkashga quyidagilarni yozgan׃

“Muhammad Solih janoblariga kelsak, bu kishi ham boshqalar qatori yurtiga qaytishi mumkin. Lekin bu qaytish hech qanaqangi talab va kelishuvlarsiz, muayyan mansab va yo imtiyozlar hisobiga bo’lmasligi kerak. Islom Karimov, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Toshkent, 1996 yil, 18 noyabr I-1973” .(“Muxolifat tarixi”, Ismat Xushev tarjimasi).

Shundan keyin ham Madaminovning boshqalarni Karimovdan bir narsa kutganlikda ayblashi xuddi ishtonsizning tizzasi yirtiq ustidan kulgani bo’lib qolmaydimi? O’zi ham “Meni taklif qilsin, ish bersin, imtiyoz bersin” deb o’rtaga odamlarni qo’yib yuribdi-ku?!

-Jahongir, bunday misollar ko’p. 1995 yilning boshida AQSh Milliy Demokratik instituti tashabbusi bilan O’zbekistonda hukumat va muxolifat mavzuiga bag’ishlangan seminar bo’lib o’tgandi. Unga Frankfurtdan Salay Madaminov va Istanbuldan Abdurahim Po’latov keldi. Shuningdek, seminarda Karimov hukumati vakili Adliya vaziri Alisher Mardiev ham ishtirok etdi. Shu erda Madaminov o’zining eski oshnalari Murod Muhammad Do’st, Erkin A’zamov bilan ham yarashish shartlarini muhokama qilgandi.

Har qanday siyosatchi va siyosiy tashkilot shunday manyoverlar qiladi. Lekin o’zingga qolganda mayli, ammo boshqalarni ayblashing bu siyosatchining ishi emas. Kimdir muxolifatga ozgina oldin va kimdir ozgina keyin kelgan bo’lishi mumkin. Agar har biriga bittadan ayb yopishtiraversa, kim bo’lishidan qat’iy nazar oxir oqibat bugun Madaminov misolida ko’rganimizdek yakkalanib qoladi. Madaminovni hali ham grantlar uchun qo’llanib yurgan bir ikkita shovvoz bor va u shu bois hali yakkalanib qolganining idrokida emas. Buning ustiga biz faktlar bilan tahlil qilar ekanmiz, ular anonimkachilik bilan band. Jo’yali gap aytolmasdan, shaxsimizni haqorat qilishga o’tib ketishdi.

-Darhaqiqat “Abdulloh” degan bir noma’lum ism ostida menga yozilgan savolni keltirmoqchiman. Shunga ham munosabat bildirishimiz kerak, deb o’ylayman.

“Muxolifatda sizni saytingizdan boshqa halol insonlar borligiga ishonasizmi? Nima uchun muxolifat deganda faqat g’iybat va keraksiz maqolalar tushunib qolinmoqda hozirgi kunda, bunda sizni ham hissangiz borligini tan olasizmi? Va eng asosiysi bir-birlarizni kamchiliklaringizni hamma joyda doston qilib undan o’z manfaatiz uchun foydalanyapsizlar, bu borada insoniylik muomala odoblarini demokratiya niqobi bilan qoliplayapsizlar, kelajakda vatanda uzlarizga nisbatan insoniy hurmat topishlarizga ishonasizlarmi? Siz qachon biror tanqidga javob yozsangiz uzingizni Jahongirligizni ta’kidlaysiz .

JAHONGIRLIK kechirimlik va sabrda yaqqolroq kuringani ma’qul emasmi? Va yana bir savol, avvalda hukumat bilan ishlab nafsi tilagancha molu-dunyoni olib bulgach uzini muxolifatda deb e’lon qilgan M.Malikov bilan sizni nima birlashtiradi? Chunki bu hukumatda ishlagan har qanday odamni oxiri qamoq yoki o’lim bilan yakunlanishini bilgan bu odam vaqtida AQShda qolgan deb uylayman…”

“Abdulloh” kabilar savol berishdan oldin ozgina mutolaa qilishsa yomon bo’lmaydi. G’iybat nima? G’iybat birovni orqavorotdan yomonlab gapirishdir. O’zbek tilini ham ozgina bilish kerak, axir! Biz orqavorotdan emas, yuziga aytmoqdamiz. “Abdulloh” nomining orqasiga yashirinib olganimiz yo’q. Biz kamchiliklarni ochiq tanqid qilmoqdamiz. Ikkalamizning ham liderlikka da’voimiz bo’lmagandan, ehtiyojimizni to’la qoplaydigan ishimiz bo’lgandan keyin qanday manfaat haqida gap bormoqda?

Karimovning “Ichkaridagi gapni tashqariga chiqargan-xoin” degan safsatasi nimalarga olib kelganini nahotki ko’rmayapmiz? Biz insoniylik, muomala odobidan ham chiqqanimiz yo’q. Siz esa “Abdulloh” yozganingizni yana bir o’qing. Balki unda o’zingizni ko’rarsiz.

Malikov masalasiga kelsak, u kishi bilan birinchi do’stlashgan va u kishini muxolifatga boshlab kelgan odam Madaminovdir. Bu bundan 13 yil oldin bo’lgan. O’sha paytda Malikovning qancha pul to’plaganini Madaminov ko’ra olmaganu bugun endi siz ko’rdingizmi? Folbinlik ham evi bilan-da, birodar!

-Jahongir yana bir narsani qo’shib ketmoqchiman. Men davlat mulkini talon taroj qilganimda edi, yoki poraxo’r bo’lsam edi – Karimov va uning laychalari meni hech qachon tinch qo’ymas edilar. Undan tashqari shunday bo’lganda men AQSh hukumat idorasida hech qachon ishlamagan bo’lardim. Yodimda men siyosiy boshpana so’raganimda sobiq Tashqi ishlar vaziri Saidqosimov (Moskvada KPSS MK da ishlab kelgan) AQSh hukumatiga xat yuborganida gap topolmay, “Malikov komsomol bo’lgan” deb yozgandi. Xo’sh, “Abdulloh” birodarim, sizning bu manqurt Saidqosimovdan ortgan joyingiz qoldimi?

Mustaqillikning boshlarida muxolifat saflarida bo’lganlar sobiq kommunistlarni ana shunday yoppasiga ayblay boshlagandilar. Birdan qarasalar ota-onalari, opa singillari, xullas xalqning yarmi kommunist ekan. Bu ahvolda yakkalanib qoladilar…

-Shunda Madaminov “ERK” qurultoyida minbarga chiqib, sobiq kommunistlar bizning xalqimizdir, deyishga majbur bo’lgandi…

-Unday bo’lsa, nega bugunga kelib kimnidir bir paytlar kommunist bo’lganlikda ayblaydi? Xuddi shunday agar bugun hukumatda ishlab, muxolifatga qo’shilganlarni ham ayblay boshlashsa, burunlarini kovlab o’tiraveradilar. Bir odimi hech qachon ikki bo’lmaydi. Bugun 3,5 million o’zbekistonlik tashqarida. Mingdan ziyod muxolifatchi tashqarida. Lekin Madaminov namoyish o’tkazsa, nega 20 kishi ham chiqmaydi? Axir orqamda 60 ta tashkilot bor deya jar solayotgan odam kamida 60 kishini chiqarishi kerak emasmi? Buni o’ylab ko’ring! Nega odamlar sizga ergashmayapti? Chunki “Abdulloh””lar ularning birini qamamoqchi, ikkinchisini o’ldirmoqchi. Siyosatlari kushandalik bo’lsa, bundan keyin ham yakkalanib qolaveradilar va hatto gapini o’z nomidan ochiq ayta olmaslik darajasida qolib ketishadi.

-Menga yozgan xatida Mirzoulug’ degan ukamiz shunday deydi׃ ”Men bilgan taniqli shaxslardan Nasrullo Sayid, Sodiqjon Yigitaliev, Yusuf Juma, Ibrohim Haqqul, Shodi Karimov, Abdulhay Abdumavlonov, Bobur Malikov, Ahmad Azam, Xoldor Vulqon, Jahongir Muhammad, Nomoz Normumin, Gulchehra Nurullaeva, Daynov Tashanov, Samad Murod, Oygul Mamatova, Imom Fayziev, boshqa-boshqalar undan yuz o’girib ketganlar.”

Men bunga Oybekning o’g’li Bek akadan taniqli adib Zohir A’lamu Baxtiyor Isabekka qadar yana 20-30 nafar taniqli shaxsni qo’shishim mumkin. Lekin gap bunda emas. Gap shundaki, kim undan yuz bursa, o’sha odamni “sotqin” deb e’lon qiladi. Xuddi mana shuning uchun ulardan ba’zilari muxolifatga qo’l siltab, hukumat tomonga o’tib ketdilar yoki Toshpo’lat Yo’ldoshevdan Shuhrat Ahmadjonovga qadar o’nlab fidoyilar ancha vaqt muxolifatdan xafa bo’lib yurdilar. Keyin angladirki, muxolifat nomidan aytilgan gaplar faqat Madaminovning shaxsiy gaplari ekan…

5.O’XShAMASA UChRAMAS

O’zbekistonda Oliy sud raisi, Adliya vaziri, O’zbekistonning AQShdagi elchisi bo’lib ishlagan, 1994 yilda O’zbekistonda demokratiya oyoq osti qilinmoqda, degan bayonot tarqatib, AQShdan siyosiy boshpana olgan Muhammad Bobur Malikov bilan muloqot.

-Bobur aka, sizga ilgari ham hikoya qilgandim, bizni Toshkentdagi uyimizni yuzdan ziyod mirshablar bilan o’rab, tortib olganlarida Konservatoriya yonida oq “Volga” turgandi. Uning ichida Toshkent shahar hokimi Adham Fozilbekov o’tirgandi. Keyin bilsam, uning yonida Mirzo Ulug’bek tumani hokimi Shavkat Mirziyoev ham o’tirgan ekan. Ular bizni uyimizdan chiqarib otish amaliyoti haqida Karimovga raport berib turishgan. Karimovning jahli chiqqani, biz yashab turgan uyimiz mamlakatdagi o’qituvchilarga berilgan imtiyozlar haqidagi Farmonga ko’ra xususiylashtirilib, biz tomonimizdan sotib olingani bo’lgan ekan. Umr yo’ldoshim ko’p yillik o’qituvchi edi.

Xullas, o’shanda to’rt yoshli jajji egizaklarim uxlab yotganiga qaramay, ularni jovdiratib, yotgan to’shaklarini sudrab tashqariga olib chiqishgandi. Tanishlarimdan keyinchalik eshitishimcha, Karimov “Men yomonu farmonim yaxshimi?!” deb baqirgan ekan o’shanda.

-Jahongir, tushunaman, men ham Karimovga qarshi chiqqanimdan keyin bizni uyni ham xuddi mana shunday buyruq bilan tortib olishgan…

-Turkiyada ekanligimda, u erdan Ozarboyjonga borib, oilamni olib qaytsam, Madaminov mening uyimning eshigini ochib, mehmon talabalarga bergan ekan. Biz kelgach, talabalar Madaminov hisobidagi uchta kvartiradan biriga o’tishdi, o’shanda Rustam Mamatqulov degan talabaning u bilan gaplashayotganini eshitib qoldim.

-To’rtta bolamizning bittagina ovunchog’i shu televizor…,-dedi umr yo’ldoshim.

-Menga farqi yo’q. U kvartiralarning har bir xonasida bittadan yangi televizor turibdi. Buning ustiga bu juda eski,-dedi Rustam.

Men aralashmadim. Keyin Rustam bir necha yigitlar bilan qaytib kelib׃

-Soli aka “Men yomonu televizorim yaxshimi?” deyaptilar,- dedi. Shu payt Salay Madaminovning ukasi Muhammad Bekjon kirib keldi va jajjilarning ko’zini jovdiratib eski televizorni olib ketdi.

O’sha televizorlarni asli andijonlik, Istanbulda to’qimachilik korxonasi sohibi bo’lgan Mahmat aka muxolifatga deb olib kelgandi.

-Jahongir Turkiyaga kelib, oilangiz bilan qiyin sharoitlarda qolganingizni biz Amerikada turib eshitganmiz va Istanbulga borayotgan o’zbeklardan Mirzapo’lat Hakimiy orqali qizlarim qizlaringizga kiyim yuborishgandi.

-Rahmat. O’shanda rosa quvonishgan. Darhaqiqat, o’shanda juda qattiq ishlab, oyoqqa turishimizga to’g’ri kelgan. Keyin biz AQShga kelganda, Oregon shtatida keksa bir onaxon televizor olib kelib berganda, “Muhammad Solih” degan nomni tanlab olgan Madaminovning hatto mana shu Merides degan begona bir ayoldek ham bo’la olmasligini o’ylaganmiz.

-Albatta, orada mana shuncha gaplar o’ta turib yana Madaminov va boshqalar bilan birga, gina kudartalarni tashlab, bir jabhada bo’lishga urinishingiz bu oson emas. Tushunaman, O’zbekistondagi zulm qarshisida bu narsalarni chetga surib turish kerak edi. Lekin buni Madaminov suiiste’mol qildi. Birlashish haqidagi hamma harakatlarni bir yo’lini topib buzdi, o’rtaga dushmanlik, ig’vo va buhton soldi.

-Bobur aka, men yaqinda Madaminovning soxta bir nom bilan yozgan uydirmasiga javobimda uning Karimov bilan o’xshash jihatlariga ham to’xtalgandim. Jumladan quyidagilarni sanagandim׃

-Karimov 1990 yilda e’lon qilingan mustaqillikni tan olmay, 1991 yilda o’ziga kerak bo’lganda e’lon qildi.

-Madaminov o’z shaxsini o’ylab 1989 “Birlik”ni parchalab, 1990 yilda “ERK”ni tuzdi.

-Karimov avval saylov, refrendum o’yinlari qildi va muddati tugasa ham “qonunlar yasab”, “liderman” deb o’tiribdi.

-Madaminov partiya ustavidagi to’rt yilga, faqat ikki marta saylanish qoidasini buzib, arvohlar kengashlari o’tkazib, “ket” deyilishiga qaramay, o’zini “liderman” deb jar solmoqda.

-Karimov o’z atrofiga samarqandliklarni to’plab, bu qadimiy shahar obro’yiga putur etkazdi.

-Madaminov o’z atrofiga xorazmliklarni to’plab, muxolifatni qoraga chapladi.

-Karimov matbuotni bo’g’di, “Ozodlik” va “Amerika ovozi”ni o’z propagandasiga ishlatish uchun har qanday jirkanchlikdan qaytmadi.

-Madaminov ham ayni yo’lni tanladi.

-Karimov millat va mamlakatni garovga tikib, oilasini hukmron etdi.

-Madaminov ham millat va mamlakatni garovga tikib, muxolifat uchun olinganlarni oilasiga, o’ziga sarfladi.

-Karimov agar o’ziga qarshi chiqsa safdoshlari va yaqinlarini ham yo’qotishi mumkinligini ko’rsatdi.

-Madaminov ham o’z shuhrati uchun safdoshlari va yaqinlarini provakatsiya qilib qamoqqa ketishlariga yo’l ochdi…

-Jahongir chalg’itish siyosati haqida unutgan ko’rinasiz.

-Siz Madaminovning chalg’itish o’yinlari haqida oldindan aytgan edingiz. Darhaqiqat, chalg’itish Karimov siyosatining tarkibiy qismidir. Jamiyatda bir masala etishgan paytda uning diqqatini boshqa tomonga burib yuborish hollarini o’tgan 15 yil davomida juda ko’p ko’rdik.

1992 yil Talabalar shaharchasi, 1994 yil Karimovga suiqasd o’yini, 1999 yil Fevral foqealaridan tortib, 2004 yilgi portlashlarga qadar jamiyatda xalqning noroziligi etilgan paytda uning diqqatini boshqa tomonga burib kelinmoqda.

Madaminov ham xuddi shunday qilmoqda. Qachonki muxolifat ichida pishib etilgan muammolar tahlil qilina boshlansa u mavzuni boshqa tomonlarga burib yuboradi. Odamlarning diqqatini mayda-chuydalar bilan chalg’itadi. Shaxslarga tuhmatlar uyushtiradi. Buni bugun ham ko’rib turibmiz. Biz suhbatlarimiz avvalida aytgan edik, gapimizni aytamiz va yo’limizda davom etaveramiz, deb. Bizni chalg’itishga urinishlar bo’lishini ham aytgan edik va bu chalg’itishlarga parvo ham qilmaymiz.

-O’xshamasga uchramas, deydilar. Mana bu o’xshashlikka qarang׃

“Islom Karimovning 12 tomlik asarlar to’plami nashrdan chiqdi. U haqda yozilgan kitoblar, maqolalar, aytilgan fikrlar ham katta bir kulliyotga jamlanmoqda”.(O’zbek matbuotidan).

“Yaqinda, Muhammad Solihning 4 jildlik asarlariga ilova sifatida “Muhammad Solih haqida” degan qalingina bir jild ham nashr etildi.” (“Erk” saytidan).

Odatda avval bir ishni qoyil qilib qo’yadilar va keyin maqtov eshitadilar. Siam egizaklari esa aksi. Bittasi kuchli potentsialga ega bo’lgan O’zbekistonni xarob etdi. Ikkinchisi kuchli muxolifatni er bilan yakson etib, sharmandai sharmisor qildi. Lekin ikkalasini ham maqtaydigan oshxo’rlar bor. Ikkalasi ham bu maqtovlarni jirkanmay qabul qiladi.

-Jahongir, bilasizmi, agar Karimov “Mana men O’zbekiston Konstituttsiyasiga sodiq qolib, ikki muddat prezident bo’ldim va shundan keyin iste’foga ketdim” deya olganda edi, haligi kitoblar hojatxona mulkiga aylanmasdi. Madaminov ham “Mana men partiya nizomiga sodiq qolib, ikki marta har biri 4 yilga saylanib, keyin iste’fo berdim” deya olsa edi, uni maqtaganlarga birov quloq solardi. U agar o’zi haqida emas, Karimov rejimini fosh etish haqida kitob chiqarganini aytganida ham, e, bular boshqa-boshqa odamlar deb qo’ya qolardim.

-Bobur aka o’xshashliklardan yana bittasi ham bor. Buni ham men o’ylab topganim emas. Faqat parchalar keltirish bilan cheklanaman׃

“O’n yildan beri har oyda bir-ikki marta Karimov nomiga xat yozaman. Bir marta ham javob olmadim”. (Salima Qodirova, advokat, “Turonzamin”).

“Men bir necha marta saytlariga xat yo’llaganman, lekin bir satr ham javob bermagan. Madaminovning hattoki na elektron pochtasi, na telefon raqami aniq…” (Bobur Isoev, “Turonzamin”).

-Karimov xalqdan mutlaqo uzilgan. Uning uchun xalqning dardi bir tiyin. Kerak bo’lsa, bu xalqni onangni deb ham so’kaveradi. Xuddi ana shu holni Madaminovda ham ko’rmoqdamiz. Filadelfiyada yashaydigan hamyurtimiz Maqsudjon, uni balki eslarsiz, 2005 yil Andijon voqealaridan keyingi uchrashuvimizga kelgan edi. O’shanda Abdumannob Po’lat uni Madaminovga tanishtirmoqchi bo’lib yoniga borgan va “Bu bizning kelajak yoshlarimiz” deganda Madaminov qayrilib ham qaramabdi.

-Bobur aka, u yigit o’shanda AQSh Kongressidagi uchrashuvga ham borgan va tanishaman desa, “Vaqtim yo’q” javobini olgan. Bunday misollar soni mingta…

-Ha, bunday mensimaslik bilan bu xalqni haqorat qilmaganda 16 yildan beri bir partiyaning diktator raisi bo’lib o’tirmasdi. Demokratman degan so’ziga loyiq bo’lib, demokratik qadamlar bilan Karimovni uyaltirgan bo’lardi. Ammo u bunga qodir emasligini isbotlab turibdi. Karimov o’lguncha ketmaslikka urinayotgani kabi, u ham tish tirnog’i bilan qarshilik ko’rsatmoqda.

6. TABOBAT “TABLETKA”SI

Bir kuni Islom Karimov iqtisodiyot bo’yicha majlis o’tkazayotgan edi. Navbat savol-javobga kelganda undan׃

-Ko’pchilik odamlar maoshlar ozgina oshirilgani haqida qaroringiz chiqadi, darhol narxlar ham ko’tariladi, oradan bir oy o’tib, Bosh vazir imzosi bilan narxlar oshirilishi haqida qaror chiqadi, deb narx navo shu zayl ikki marta ko’tarilib ketishidan norozi bo’lishmoqda. Darhaqiqat, oradan bir oy saqlashning siri nimada? -deb so’radim. Karimovning jahli chiqdi.

-Sizga uka ko’pchilikning nomidan gapirish hali erta. Bu vakolat mana manga berilgan. Agar deputatligingizni ro’kach qiladigan bo’lsangiz ham ko’pchilikni emas, juda ozchilikni vakilisiz.

Men uning so’zini bo’lib׃

-Gap bunda emas, mayli savolni ba’zilarning fikri deb qabul qiling,-dedim.

-Ba’zilar kim, qani mana shu erda ulardan birortasi bormi? Sizni savolingizga qo’shilgan birorta mard bormi, qani tursin o’rnidan, ko’raylik,-dedi Karimov.

Qariyb 300 kishidan birortasi ham miq etmadi.

-Ko’rdingizmi, faqat siz shunday deb o’ylaysiz, chunki siz mening siyosatimga qarshisiz, men buni bilaman, sizdan boshqa hech kim bu masalaga mana shunday yondashmaydi.

Xullas, men bir kishining savoliga bo’lsa ham javob berishingiz kerak, deb turib oldim. U esa hadeb boshqalar bunday fikrda emas, deyish bilan muhim savolni chetga surib, yo’q munozarani boshlatib, javob bermay chiqib ketdi.

O’shanda jurnalist deputat do’stim׃

-Islom aka usta siyosatchi, qarang, gapni qanday burib yubordilar,-dedi.

Men unga bu usta siyosatchilik belgisi emas, bu-paranoya(Paranoia-paranoyya)ning alomati ekanligini tushuntirdim. Bu kasallikka yo’liqqanda kishi o’zini dunyodagi eng oliy zot, mutloq haq deb biladi, o’zini shunga ishontiradi va uni tanqid qilgan odamni dushman deb hisoblaydi. O’sha odamning nomi miyasiga chiroqdek “o’rnashadi” va doim “lip-lip” etib turadi. Nima gap bo’lsa, o’sha odamdan ko’radi.

Yaqinda bir juvon jurnalist Salay Madaminovga׃

-Siz haqingizda har tomonda juda ko’p narsa yozishmoqda, jiddiy savollar qo’yilmoqda, nega javob bermaysiz?-debdi.

U esa׃

-Men karvonman, yo’limda davom etaveraman,-debdi.

Turli saytlarda muhokamalar boshlanganda esa, “Muhammad Solih haqida Mamatovdan boshqa odam tanqidiy fikr aytmaydi” deb yozishdi. Men uning dushmani emishman va u haqda aytilgan ajoyib gaplarni uning o’zi to’plab nashr etgan kitobdan o’qib olib, aqlimni charxlashim kerak emish.

Bu unga xos fikr edi. Chunki hali yaqin yaqingacha hatto Abdurahim Po’latov yozganlarni ham ochiqdan ochiq mendan ko’rib kelardi-da!

Shu darajaga etib bordiki, 2006 yil, 28 aprelda “Isyonkor” saytida imzosiz bir yozuv paydo bo’ldi׃

Muhammad Solih haqida tanqidiy bir fikr yozish unga tuhmat qilish, uni ig’vo qilish bilan baravar. O’zbek xalqini dushmanlarigina uni tanqid qilishi mumkin”.

Doim tushum kelishigi bilan qaratqich kelishigini almashtirib qo’llanadigan Salay Madaminovning uslubi edi bu. Agar boshqa odam yozganda nimadan qo’rqadi, o’z nomidan ochiq yozadi. Xullas, kim bo’lganda ham buni sog’ odam yozmaydi. Bu kasallik alomati.

Salay Madaminovni tanqid qilayotgan faqat Mamatov emasligini ko’rish uchun Internetga uning nomini yozish kifoya. Mana, ana shu ummondan zarra! (Hukumat tomonida turib yozganlardan emas, faqat muxolifat faollari va xalqaro tahlilchilardan ba’zilarining yozganlaridan parchalar oldim-JM). Buni Salay Madaminov albatta o’qishi kerak va bu unga bir kurs tabobat tabletkasi bo’ladi. Agar bu kamlik qilsa, kitobning oxirida yana bir qism keltiramiz.

BOTIR NORBOEV׃

“Birlik”ning yangi Markaziy kengashi va uning hay’atiga Abduraxim raislikdan ketmasa “Birlik”ni bo’lamiz deb bu favkulodda qurultoyning chakirilishiga sababchi bo’lgan Muhammad Solih, Axmad A’zam, Zohir A’lam kabilar ham saylanishdi. Ammo ular qurultoydan keyin ham na hay’at majlislariga kelishdi, na uning faoliyatlariga qatnashishdi. Orqavorotdan ular hammani “Birlik”dan chiqishga undayotganlari, o’zlari tuzayotgan yangi tashkilotga chaqirib, yashirincha tashviqot olib borayotganlari eshitilib qolardi. Ularning asl nishonlari Abdurahim Po’latdan tashqari “Birlik”ning o’zi ham ekanligiga endi eng soddalar ham tushunib qolishdi.

Qurultoydan 2 oylarcha chamasi o’tgandan keyin Darxon bekatining yakinidagi bir klubda “Birlik” Markaziy kengashining navbatdagi majlisi utkazildi. Majlis boshlanishi oldidan zalga Ahmad A’zam va Mirza Kenjabek kirib kelishdi. To’ppa-tug’ri mikrofon oldiga borib uzr so’rashdi va o’zlarini M.Solih, Z.A’lam kabi safdoshlari nomidan kelganlarini, yangi uyushma tuzganlarini aytishdi. Bir-birini yomonlab yurmaslik lozimligini eslatishdi. Ammo bir oz vaqt o’tgandan keyin mo”jiza yuz berdi: Muhammad Solih kommunistlar ruyxatidan deputat bo’lib saylandi, televizorga chiqib “Birlik” yo’q bo’ldi, unda bir nechta dordan qochganlargina qoldi, haqiqiy xalqparvarlar men bilan “Erk” harakatiga o’tdilar, deb e’lon qildi. (harakat.net, 1997)

ZOHIR A’LAM:

“Birlik” tuzildi, Erk partiyasi tuzildi, mening nazarimda Erk partiyasining rahbariyati shu partiyaning ustav-programmasida (u programmalarning yozilishida men o’zim ham ishtirok etganman) aytilgan narsalarga rioya qilinmadi.

Va men buni “Erk”ning 2-s’ezdida gapirib, “Erk”ning rahbariyati, shu jumladan men unda ideologiya sekretari edim, hozirgi hukumat bilan kelishuvchilik yo’lini tutdi, degan gapni aytdim va men bu yo’lda turgan partiya bilan birga ishlolmasligimni aytib, chiqib ketdim. (“Amerika ovozi” 24-7-06).

ShODI KARIMOV׃

“Men Muhammad Solihga quyidagilarni aytmoqchiman:

Millat va yurt fidoyisi bo’lgan o’nlab, yuzlab haqiqiy “erk”chilar tufayligina siz Muhammad Solih bo’ldingiz, o’z nomzodingizni O’zbekiston Prezidentligiga qo’ydingiz… O’zbekiston xalq deputati bo’ldingiz … Bu yutuqlar sizni esankiratib qo’ydi, siz osmonu falakka chiqib ketdingiz. Siz biz kabi fidoyilarga rahmatlar aytish o’rniga ettinchi samodan turib yuzimizga tupurayapsiz.

Siz o’zining shaxsiy manfaatini partiya va xalq manfaatidan yuqori qo’yadigan, mansab va hokimiyat og’ushida hech narsadan tap tortmaydigan, kerak bo’lsa bu yo’lda fuqarolar qonini to’kib bo’lsa-da, rahbarlik shohsupasiga chiqish orzusida yurgan, ambitsiyaga berilgan shaxs bo’lib chiqdingiz. Suhbatlarimizda siz har doim “10-15 odamning qoni to’kilsa ham mayli, bu xalqning ko’zini ochadi” der edingiz. Bu gaplarning mag’zini mana endi men chaqayapman. (MEN ERK PARTIYaSINI TARK ETDIM, Bayonot, 1993 yil, 27 oktyabr).

YuSUF JUMA׃

“SNBga jurovoz ayrim safdoshlarning xalkparvarligi Muhammad Solihning vatanparvarligini, xalkparvarligini eslatadi menga. M.Solih hakida gapirgan moskvalik hukuk himoyachilaridan biri M. Solih avval mustaqillik, keyin demokratiya degan edi, mana bukun ukalari zindonda, o’sha so’zlaridan pushaymon bo’lsa kerak deb samimiy gapirgan. Bu gapga M. Solih odatdagiday nosamimiy munosabat bildirgan. Yo’q pushaymon emasman, Vatan mustaqilligi menga har narsadan baland degan ma’noda gapirgan. Vatanparvalikka qarang, mustakillikparvarlikka qarang!

To’g’ri M. Solih Vatanni, mustaqillikni sevadi, biroq o’zini mustaqillikdan ham, Vatandan ham, ukalaridan ham yaxshi ko’radi. Yo’qsa ularsiz ham bunday semirib yurmasdi. Yukoridagi gapni Vatan mustakilligini ukalari hayotidan baland qo’ygani uchun aytayotgani yo’q, o’zining xaqligini, hech qachon xato qilmasligini sobik safdoshi Karimovday xudo ekanligini isbotlash uchun aytayapti. Yo’qsa, qaysi Vatan mustaqilligi haqida gapiryapti. O’zbekiston I.A.Karimov bilan mustaqil buladimi?! O’tgan o’n besh yil ichida O’zbekiston bir kun ham mustaqil buo’lgani yo’q. Bir kun Moskva qo’ynida, bir kun Pekin qo’ynida, yana bir kun yana boshqaning qo’ynida. Axir M.Solix buni payqamaslik darajasida axmoq bo’lmasa kerak. (“Turonzamin” ro’znomasi, 2006 yil, 22 Avgust).

ALIMARDON ANNAEV, jurnalist׃

“Men Muhammad Solih va Abdurahim Po’latovni yaxshi bilaman, mana shu ikki lider O’zbekistondan qochib ketgan paytda ham qo’lida nech narsa, muqobil variant bo’lmagan…liderlik salohiyati yo’q ularning. Ular hukumat olib borayotgan iqtisodiy, ijtimoiy siyosatni o’zgartirish imkoni bo’lganda qochib ketdilar, o’zbek xalqini tashlab qochib ketdilar. (“Ozodlik”, “Qurultoy” dasturi, 22-5-2006).

“Biz mazkur negativ voqelikning yuzaga kelishida amaldagi hukumat organlaridan keyin demokratik muxolifat mas’uliyatint zimmasiga olgan, ayni paytda faqatgina jabr-diydalik rolini ijro etish bilan ovora bo’lib qolgan muxolif siyosiy partiyalarning shuhratparast rahbarlari aybdor deb hisoblaymiz.

1. “Birlik” Xalq Harakati Partiyasi – D.Tashanov, G’.Rahmatov

2. “Erk” Demokratik Partiyai – E.Yusupov

3. O’zbekiston Ozod Dehqonr Partisi – Ya.Rasulov

4. O’zbekiston Inson Huquqlari Jamiyati – Yo.Turlibekov, J.Murodov

5. «Ezgulik» jamiyati – Z.Mirzakulov

7 aprel, 20006, (Muxolifatga murojaat).

MARTA OLKOT, AQSh, Karnega fondining Markaziy Osiyo bo’yicha mutaxassisi׃

“Muhojirotdagi o’zbek muxolifati o’zaro bo’linib ketgan va mamlakat ichkarisida bu siyosiy partiyalarning kuchi bor deb aytishga biron dalilimiz yo’q – biz shundayin bir voqelikni ko’rib turibmiz…Ularning ayrimlari mamlakatdan tashqarida qolib ketishgan va ayrimlari hamon mamlakat ichkarisida aloqalarga egalar. Hammalari ham qandaydir rishtalarga egalar. Ammo 15 yillik muhojirot – bu inson uchun uzoq muddatdir. Masalan, Muhammad Solih kabi shaxs ko’rsatadigan ta’sir bor-yo’g’i ramziydir va biz uni faol siyosatchi sifatida ko’ra olmaymiz. Ammo ana shu ramz ham ba’zida ta’sir kuchiga ega bo’lishi mumkin. Lekin shu bilan bir qatorda bu shaxslarning bir kun kelib prezident bo’lamiz, degan orzulari allaqachon chippakka chiqib bo’lgan.” (Bi-bi-si, 27-7-06).

FAZLIDDIN QO’ChQOROV, jurnalist׃

SSSR inqirozga uchrayotganida, Muhammad Solih deputat va O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasining rais o’rinbosari edi. O’shanda, Toshkent shahar Pushkin ko’chasi 1-uyning 2-qavatidagi Muhammad Solih xonasiga ikki askar kirib kelgandi. Ko’rinishida odam ahvoli bo’lmagan bu askarlar, Uzoq Sharqdagi harbiy qismidan qochib kelishayotganini aytganida, Muhammad Solih – ya’ni janob deputat askarlarni xonasidan haydab chiqarib, kutib turishni buyurgandi.

Kiyimlari yirtilib ketgan, qorinlari och holda, Uzoq Sharqdagi Belogorsk shahridan Toshkentgacha yuk vagonlarida berkinib kelgan askarlar deputat Muxammad Solihdan umidvor bo’lib, bari bir qabulxonada uni kutishga majbur bo’lishgan. Ammo, yarim soatlardan so’ng qabulxonaga chiqqan Muhammad Solih askarlarni tushdan keyin qabul qilishini aytib, ovqatlanishga ketgan.

O’sha askarlarning biri meni ukam, ikinchisi surxondaryolik uning xizmatdoshi edi. Xayriyat o’shanda yaxshi odamlar topilib, ukamlarning qornini to’ydirib, yo’lkirasiga pul berib, kuzatib qo’ygan va ular o’shanda Muhammad Solih bilan uchrashmay uyga kelishgan.(“Isyonkor”, 18 dekabr, 2006 yil).

TOLIB YoQUBOV׃

Mening nazarimda muxolifatning hozirgi juda ham ayanchli ahvolda ekanligini faqat hukumatga bog’lash kerak emas. Hukumat ham aybdor. Hukumatning ham aybi bor, ancha, juda katta aybi bor. Siyosiy muxolifatning ayanchli ahvolga tushgani borasida lekin hali tarix oldida Muhammad Solih va Abdurahim Po’latov ham albatta javob berishadi. Ularning pozitsiyasi ba’zan hukumatning pozitsiyasidan ham o’tib tushmoqda. Bu juda ham ayanchli hol. (“Ozodlik”, 6-6-2006).

“Men M.Solixga xech kanday yomonlik kilgan emasamda, u bundan 3-4 yil ilgari menga bir kunda ikkita xat yozib, «Menga siz xakingizda ba’zilar gapirganda men ishonmas edim. Men endi ishondim, sizning kim ekanligingizni bildim» kabilida gapirgan edi. M.Solix men xakimda eshitgan gaplar M.Ardzinovning gaplari ekanligi yakkol kurinib turgan edi. M.Ardzinov kim ekanligini vakt kursatdi. Bir-biriga tosh otuvchi raxbarlarday men M.Solix bilan, M.Solix esa men bilan alokada emasmiz”. (DO’K tuzilayotganda yozilgan maktubdan).

VASILA INOYaTOVA׃

“Avvalo, yaqin o’tmishga nazar tashlansa, bu parokandaliklarning sababi ko’rinadi. Demoqchimanki, muxolifatning bo’linishini uning negizini tashkil etgan “Birlik” va “Erk”ning kurash taktikasidagi uslublar, qarashlaridagi tafovutlar boshlab berdi. “Erk”ning boshidanoq tuturiqsiz pozitsiyasi, hukumat bilan munosabatlardagi shubhali harakatlari nafaqat bu partiyaning o’ziga, balki butun bir muxolif kayfiyatdagi qatlamning faoliyatiga jiddiy zarba berdi. Oqibatda “Birlik” faollari mustaqillikning dastlabki yillaridanoq xiyonat qurboni o’laroq qatag’on qilindi va mamlakatni tark etishga majbur bo’ldi. O’sha paytning o’zida bu partiya muhtasham ofis bilan taqdirlanib, gazetasi muntazam ravishda chop etib borildi. Kimdir bu hodisalar demokratiya shabodalari edi, desa yanglishadi. Ta’bir joiz bo’lsa, hozirgi Karimov rejimining ta’mal toshlari 1991 yildagi “saylov-saylov” o’yinlarida qo’yilgandi. O’shanda bizning ming tavallolarimizga qaramay Saloy Madaminov prezidentlikka nomzodini qo’ygandi, to’g’rirog’i, qopqonga ongli ravishda tushgandi. “Erk”chilar saylovlarning demokratik tarzda o’tmagani, saylov natijalarida soxtakorlikka yo’l qo’yilganliklarini ta’kidlagan holda, Saloy Madaminov rejimboshiga qutlov telegrammasini yuborgandi. (www.erkinfo.com, 5-13-2006)

SAMAD MUROD׃

«Ozodlik» va «Bi-bi-si» radiolarining o’zbek bo’limlari oldingi xolislik, qarashlar xilma-xilligi kabi sifatlarini boy berishgan. Endi ular o’zbek muxolifatining muayyan bir guruhi minbariga aylanishdi va bir yoqlamalikda mahalliy matbuotdan ham o’tib tushishmoqda.

Bunga sabab tarafkashlik. Mahalliy matbuotni hukumat tsenzura qilsa, ularni partiyamizning sobiq raisi (Salay Madaminov) tsenzura qiladi. Bu holatni bir studiya xodimlarining aynan mahalliychilikka mukkasidan ketgani, ikkinchisining esa Solihning ijodiga shaxsiy sadoqatlari bilan izohlasa bo’ladi.. http://www.erkinfo.com, 5-10-2006)

SANOBAR ShERMATOVA, sharhlovchi.

Hokimiyatga intilayotgan muxolifat lideri Muhammad Solih bir kun Rossiya va Xitoy mustamlaka kuchlari, Markaziy Osiyodan ketishlari kerak, Amerika bazasi O’zbekistonga qaytishi lozim deya o’zini AQShning mintaqadagi ishtiroki tarafdori qilib ko’rsatsa, boshqa kun Moskva bilan munosabatlarni yaxshilash tarafdori bo’lib ko’rinadi. Bunday siyosat hech qachon yaxshi natija bermaydi. Siyosatda voqealar jarayonini ko’ra bilish qadrlandi va endigina tetepoya qiladiganlardan uzoq turiladi. (Fergana.ru, 4 dekabr, 2006 yil).

ALIShER SARBONOV, jurnalist

O’tgan 15 yilda keksa va o’rta avlod Karimovning birinchi saylovdagi raqibini deyarli unutishdi, yangi avlod esa u haqda hech narsa bilmaydi. Bugungi M. Solih avvalgi milliyatchi emas. U agar oldingi qarashlarida qolganida demokratik tashkilotlarning ma’naviy va moddiy madadini ololmasdi, bu ma’lum savdo va u shunga moslashdi.

U nima qila oladi? O’zbek tilida kitob yozishmi? Ularning o’z yozuvchilari oshib-toshib yotibdi. G’arbda ularning zehniyatiga zid bo’lgan kitoblarni o’z hisobidan nashr qiladigan birorta noshir topilishi dargumon. Shuning uchun ham unga o’zini demokratiya kurashchisi qilib ko’rsatish kerak.

Ochig’ini aytish darkor, G’arbda ham O’zbekistonning o’zida ham G’arb demokratiyasini olib keluvchi sifatini na “ERK” va na “Birlik” tashiy oladi, ular bunday obro’ga ega emas. O’zbek xalqi ularga ergashmaydi. Internetdagi keyingi yozuvlaraga ko’ra buni Solihning o’zi ham tushunib qolgan. Shuning uchun ham boshqa muxolif guruhlarga yaqinlashishga urinmoqda. Masalan, “ERK” nomidan tarqatilgan bayonotlarda “quyoshli” muxolifatdan S. Umarov, N. Hidoyatova va huquq himoyachilaridan M. Tojiboevaning ismlari o’rin olayotgani ham ana shundan. (Centrasia.ru-12 dekabr, 2006)

LEMBIT OPIK, Britaniyadagi Liberal-demokratlar partiyasidan parlament a’zosi:

-Menimcha, Britaniyada ayrimlar Muhammad Solihni O’zbekistondagi siyosiy bir qarashlarning muhim bir vakili deb tanishadi. Ammo bu degani biz faqat Muhammad Solihning fikrlariga quloq tutamiz, degani bo’lmasligi kerak. Britaniya O’zbekistondagi barcha guruhlar bilan muloqot qilmog’i maqsadga muvofiq bo’lardi.

Albatta, ayrimlar Muhammad Solih O’zbekistonda demokratiya yaratadi, deb o’ylashadi. Ammo muhojirotning uzoq yillari davomida Muhammad Solihning mamlakatdagi kuchlar bilan aloqalari avvalgiday jiddiy va mustahkam bo’lmasligi mumkin. Shuning uchun ham men Britaniya O’zbekistonda demokratik o’zgarishlar tarafdorlari bilan o’ta ehtiyotkorlik bilan munosabat qilishi tarafdoriman. (Bi-bi-si 19 Yanvar, 2006).

NASRULLO SAYYID׃ Muhammad Solihning Erk demokratik partiyasi raisi lavozimida turib, o’tgan davr mobaynida va hozirda ham juda ko’p qo’pol xatolarga yo’l qo’yayotganligini ko’rib va chin dildan his qilib borayotgan inson sifatida bundan buyon O’zbekistonda demokratik jamiyat kurish borasidagi kurashimni u bilan bir siyosiy platformada turmagan holda davom ettirishga qaror qildim.

Uning partiya Nizomiga zid ravishda o’z nomzodini O’zbekiston prezidentligiga nomzod sifatida ko’rsatib yuborganligi, o’tgan davr mobaynida oddiy partiya a’zolari takdiri bilan umuman qiziqmay kelganligi va natijada bir kancha partiya a’zolari nohak qamoqlarda jabr tortayotganligi men aytayotgan qo’pol xatolarning bir bo’lagidir… ( 14 sentyabr, 2006 yil, Turonzamin).

MATVEY BREYZA, AQSh Davlat kotibining Markaziy Osiyo bo’yicha yordamchisi׃

Muhammad Solihning shu kunlarda Vashingtonga safari bu shunchaki tasodif. U viza so’rab qachonlardir murojaat qilgan va olgan. Lekin u nimaga aynan hozir AQShga safar qilmoqda buni uning o’zi biladi. (“Ozodlik”, 1 Iyul, 2005 yil).

BAXTIYoR HAMRO׃

Jizzaxda na «Birlik», na «Erk» a’zolari qolgan. Kuz oldingizga keltiring, axir. Bir katta viloyatda a’zolaringizdan xech kim yuk. Jizzaxda fakat oz sonli (30 ga yakin) xukuk ximoyachilari va ikkita mustakil jurnalist kolgan, xalos.

Samarkandni oladigan bulsak, u erdagi «Birlik»chi, «Erk»chi liderlaridan xatto 3-4 tasi bir erga tuplana olmayapti.

Yana bir misol. Mamadali Mahmudov va Murod Jo’raev masalasi. Ularning oilasidan xabar olish bir tomonda tursin, Muhamamad Solih va boshqalar ularni qamoqdan chiqarmaslikka harakat qilmoqdasizlar. Masalan, Murod Jo’raev hatto sudda ham men “Erk” azosi emas, deganiga qaramasdan uni haligacha “Erk” azosi deysizlar, Mamadali Mahmudovnin esa ishonib yozgan shaxsiy xatlarini e’lon qilib, qamoqdan chiqmasligini ta’minlab qo’ydingizlar. (31 May, 2006 (Jizzax Sadosi).

Qaerga bormang, kim bilan gaplashmang, Muhammad Solih haqida surasangiz yo sobiq mufti bilan almashtiradi, yoki bilmaydi yoki bilganlar ana u terrorchimi deydi. O’zimizni muxolifatdagilar bo’lsa, uning Karimovdan farqi qoldimi u ham demokratiyani oyoq osti qilib shuncha yildan beri yolg’ondakam rais bo’lib o’tiribdi-ku deyishadi. (Baxtiyor Hamroning muallifga yozgan xatidan).

DILMUROD SAYID׃

Muxolifatni bo’lish g’oyasi birinchi bo’lib kimdan chiqqan edi? Yo 1990 yil fevral-mart oylaridagi bo’linish voqealarini SM (Salay Madaminov) faoliyatidan o’chirib, boshqa bir odamga yuklab qo’ymoqchimisiz?..

Bizning bilishimizcha, I.Karimov M.Solih bilan suhbatda unga muxolifatni birlashtirishni va rahbarlik qilishnigina taklif etgan, xolos. Lekin bu-M.Solihga kam ko’ringan…

Lekin vaqt o’z hukmini o’tkazar ekan, oradan ko’p o’tmay M.Solih (1996 y) Vatanga qaytish istagida o’rtaga odam qo’yib, o’z iltimoslarini I.Karimovga bildirgani va hech narsaga erisha olmagani ham bor gaplar. (Isyonkor, 15-2-2007)

XALIL OChIQKO’Z, Turk olimi׃

Xalq orasida shoir sifatida katta obro’ga ega bo’lgan Muhammad Solih va Erkin Vohid “Birlik”dan chiqdilar va kommunistlar ro’yxati bilan O’zbekiston Oliy Kengashiga deputat bo’lib kirdilar. Bu to’g’rida 1992 yili Turkiyaga kelgan “Birlik”chilar Abdurahim Po’lat, Mirolim Odil va Anvar Usmon quyidagilarni so’zladilar: “O’zbekiston parlamentiga nomzodlar ko’rsatish kampaniyasi endi boshlangan kunlarning birida, “Birlik” Markaziy kengashi Hay’atining haftada bir bo’ladigan majlisini o’tkazayotgan edik. Mutlaqo ishonadigan bir o’rtog’imiz kommunistlar har doimgidek avvaldan tayyorlab qo’ygan nomzodlarning mahfiy ro’yhatini bizga keltirdi. Unda bo’lajak deputatning ismi, saylanadigan okrug nomeri, nomzod ko’rsatishni uyushtiradigan odamning ismi, nomzodning qaysi kuni va qaerdan ko’rsatilishi bor edi. Ruyhatda bir oz aval “Birlik”dan chiqqan Muhammad Solih va Erkin Vohidlarning ismlari ham bor edi. “Birlik” raisdoshlaridan Zohid Haqnazar “Muhammad Solih sotqin emas, aldanib yurgan bir bola“, deb doim hammamizni ishontirishga harakat qilib yurgani uchun avval u ro’yxatga ishongisi kelmadi va oldimizda Muhammad Solihga telefon qildi. Bir nechta savol bilan bu ro’yxatning to’g’ri ekanligiga ishonch hosil qilgach, u telefon trubkasini joyiga qo’yaturib Muhammad Solih to’g’risida aytgan so’zini biz bu erda qaytarolamaymiz. 1-2 kundan keyin ro’yxat “Ozodlik” radiosidan ham yoyinlandi. (Turk dunyosida Demokratik harakatlar kitobi, Istanbul, 2000)

DAYNOV TAShANOV׃

Saylov natijalari e’lon qilindi. Ammo nimagadir saylovning buzilganligi partiya rahbariyati tomonidan e’tirof etilmadi. Buning ustiga Solih Islom Karimovni g’alaba bilan tabrikladi. U o’z maslakdoshlari va muxolifat uchun ovoz berganlarni aldadi, xiyonat qildi. Biz hali Muhammad Solihning shunchaki saylov o’yinlarida qatnashayotgani, omma oldida Karimovning legitimligini mustahkamlashga jon-jahdi bilan kirishganini bilmasdik. (“Harakat”, №6 (63) 2006)

MIKAEL FRANK, tadqiqotchi׃

Muhammad Solihning kimligini tushunish uchun menga o’n minut etarli bo’ldi. Keyin men uni eshitmadim va uchrashuvni tark etdim. Uning “O’zbekiston Ichki Ishlar vazirligining yuqori mansabdor shaxslari menga chiqmoqda, MDH o’lkalaridan birining razvedkasi idorasi bilan aloqam bor” kabi bayonotlari siyosatchi uchun siyosiy o’lim demakdir. (Nemis to’lqini, 22 yanvar, 2006).

AKBARALI ORIPOV׃

Agar, harom yoqadigan odamni suyagi haromdan bo’lgan bo’lsa ham qirq yilda fosh bo’ladi degan gap bor. Mana nihoyat juda kech bo’lsada haqiqat ro’yobga chiqdi…

C. Madaminovni balkim insofga kelib qolar endi, bir adashdida deb o’ylagan edik. Lekin bunday “chipqon”dan faqat kesib tashlabgina qutila olamiz.
Aslini olganda uning bu qilmishlari bu darajada bo’lmasa ham bizlarga ayon edi. Faqat biz ham istihola qilib keldik, balki birlashib ketarmiz, degan umidda edik.

Agar unda vijdon bo’lganida allaqachon “Birlik”ni oldida va o’zini orqasidan ergashgan insonlar oldida tavba qilishi va kechirim so’rashi kerak edi. (www.harakat.net 3 fevral 2007).

ALEKSEY MALAShENKO, Moskvadagi “Karnegi” markazi tahlilchisi:

Men uning Karimov bilan raqobatlashib 90-yillarning boshidagi saylovlarda qanchadir foiz ovoz olgan davrlari qaytmas bo’lib o’tib ketgan deb hisoblayman. Men uning tomiri erdan uzilgan deb hisoblayman. Va buning sababi uning yomonligi uchun emas, vaziyatning ob’ektiv ravishda shunday bo’lib qolganida. Umuman olganda, unga u erda ildiz otishga imkon berishmadi. Men uning tashkilotchi emas, qandaydir ramz ham bo’la olishiga ishonmayman. Hamma narsa taqqoslaganda bilinadi. Mamlakat hududida o’rnasha olmagan Ozarbayjondagi Rasul Gulievga qarang. Qajegeldinga qarang. Men bu odamlarning davri, qanchalik achinarli bo’lmasin, o’tib ketgan deb hisoblayman…

Amerikadagi bu vaziyatni haqiqatan yaxshi tushungan mutaxassislar O’zbekistonda nima bo’layotganini yaxshi bilishadi – ular katta huzur bilan Solihga quloq tutgani kelishadi, biroq bundan hech narsa o’zgarmaydi. Har qanday holatda ham unga ishonishib, qandaydir inqiloblar uchun pul berishlariga chuqur shubham bor. (Farg’ona.ru).

AJDAR KURTOV, tarixchi, rus siyosatshunosi:

Menimcha Solih – mening bilishimcha, o’z vaqtida taniqli frantsuz yozuvchilari va faylasuflarining asarlarini tarjima qilib yurgan yozuvchilar elitasi vakili bo’lib, to’qsoninchi yillar boshlarida birinchi prezident saylovlarida Karimov bilan raqobatlashib, yutqazib qo’ygandan keyin mamlakatni tashlab chiqib ketgan. U o’zining siyosatchi sifatidagi yangi sifatini to’g’ri qabul qilolmayapti.

Menimcha, siyosatchi Solih ijodkor Solihga nisbatan ancha ortda qoladi. Bu shunday bo’lishi ham kerak. Chunki Maks Veber yozganidek, siyosatchi byurokratdan past, negaki byurokrat ko’proq ma’lumotga ega bo’lib, qandaydir harakatlar qilishda katta tajribaga ega. Siyosatdagi ziyoli esa o’zini yuqori ahloqiy majburiyatlar bilan tutib turmaydigan yuzsiz siyosatchidan ortda qoladiki, u narsalar har holda Solihda bor.

Agar ziyoli Solih, yozuvchi Solih, shoir Solih siyosiy kurash yo’liga tushgan bo’lsa, u xohlaydimi-yo’qmi, bu siyosiy kurash unga o’zining mantiqi va qoidalarini o’tkazadi. Siyosiy kurash esa, ayniqsa mana shunday qattiq shaklda olib borilayotganda – axir gap oddiy hokimiyat almashuvi emas, butun boshli rejimni ag’darish haqida ketyapti – bu kurash siyosatchini ittifoqchilarni izlashga majbur qiladi. Bunday kurashda ittifoqchilarni «dushmanimning dushmani – mening do’stim» degan qoida asosida izlashadi.

Biroq Solih o’ylayotganidek, butun O’zbekiston xalqi to’la va birdamlik bilan yangi muxolifatchilarni, jumladan uning nomzodini qo’llab-quvvatlashiga men jiddiy shubha qilaman. (Farg’ona.ru).

MUHAMMADBOBIR MALIKOV׃

Boshqalardan farqli o’laroq, Karimovning qahriga uchragandan keyin, Salay Madaminov muxolifatga o’tgani haqida jar soldi, chet elga chiqib ketdi. Yuqorida aytganimdek, o’shanda u bilan hamkorlik qilishni ham o’yladik. Ammo, vaqt ko’rsatdiki, u bironta amaliy ish qilishga qodir emas ekan. Ayni zamonda, u hali ham muxolifatni parchalashga, uning birlashishi yo’lida to’siq bo’lishga harakat qilmoqdami, demak, u hali ham Karimovga kerakli ishni qilmoqda. Men uni to’g’ri yo’lga solish uchun ko’p urindim, befoyda ekan. Hozir u haqida ko’pchilik tomonidan aytilayotgan “sudralishga yaratilgan odam ucholmaydi” fikriga qo’shilaman.(www.harakat.net-23-2-2007).

OYGUL MAMATOVA׃׃

Siz partiyani tozalash tarafdorisiz. Sizning yakkaboshkaruv buyrugingiz va Bosh kotibning kuli bilan «ERK» juda kup «kurbonlik»lar berdi. «ERK»ning xukumatga nisbatan radikal pozitsiyasi va uning natijasi o’larok tazyiklar tufayli «ERK»ning elitasi, tayanchi bo’lgan minglab ziyolilar, faol a’zolarimiz o’zlarini maydondan chetga oldilar. Bugun buning jabri-jafosi oddiy xalkimizning gardaniga tushdi.

Siz yana bir bor xech kim bilan maslaxatlashmasdan oxirgi yoningizda kolgan «ERK» fidoyilarini xam uzingiz uchun «kurbonlik»ka buyurdingiz. Balki bosh kotib bu safar xam uyiga besh-olti nafar a’zolarimizni chakirib, Bizga «janoza» ukish bilan Sizning istagingizni bajarar. Ammo, bilib kuyingki, endi bu ishlaringizni Ollox xam kechirmas, chunki Ollox bu yulda ko’proq shohidlarni emas, shahidlarni qo’llaydi.(Bayonot, 2004 yil 27 mart.)

ABDURAHIM PO’LATOV׃

“Erk” partiyasining raisi Muxammad Solixning “Men sotkin emasman. Deputat bulish xar bir fukaroning xakki… Bolalarim uchun uy-joy sharoitimni yaxshilab olganim xam aybmi?” suzlari bilan boshlangan makolaning kiskacha mazmuni shunday. 1990 yil 18 fevralda Uzbekiston Oliy Sovetiga utkazilgan saylovlar arafasida “Birlik”chilar Muxammad Solixni Kommunustik partiya ruyxatidan deputatlikka nomzod bulgani uchun sotkinlikda ayblaganlari xammaga ma’lum. Avvaliga bu aybni tan olgisi kelmagan M.Solix, aybni berkitib bulmasligini kurgandan keyin kommunistlar bilan xamkorligini “ular xam bizning irkdan-ku”, deb oklamokchi bulmokda, bugun.

Usha paytda unga yana bir ayb kuyilgandi: Bulgusi “Erk” raisi “Birlik”ni bulish va saylovlar arafasida uni kuchsizlantirish ishiga boshchilik kilgani uchun kommunistlar tarafidan fakat deputatlik mandati bilan emas, undan tashkari Toshkent markazidan bir nechta kvartira va avtomobil bilan mukofotlangandi. Avvaliga uning dushmanlari xam ishonmagan bu iddao keyinchalik xujjatlar bilan tasdiklandi.

Xujjatlarga kura usha saylovlar arafasida xukumat Muxammad Solixga bir necha kun ichida Toshkent markazidagi “Irrigator” massivi 8-uydan 53 va 54 nomerli kvartiralarni ajratib 03 seriya va 034581 nomerli order berishni karorlashtiradi. Tabiiyki, xujjatlarning xammasida uning xakikiy familiyasi (Madaminov Salay) kursatiladi. Eski kvartirasi xam uning oilasiga koldiriladi. Xukumat Madaminov Salaydan muxolifatni yuk kilish yulida butunlay foydalanib bulgandan keyin bu uch kvartirani Mirzo Ulugbek tumani sudining 1994 yil 18 fevral kunidagi karori bilan kaytadan olib kuyadi. (Harakat jurnali №1 (8) 1997).

ABDURAHMON TAShANOV׃

Darvoqe, siam egizaklarining qismati aniq: ular qachondir bir-biridan ajratilishi kerak. Insoniyat tarixida esa ajratilgan siam egizaklari kamdan-kam holatda yashab ketganlar. Mana yaqinda Xorazmda siam egizaklarining ajratilishi muolajasining muvafaqqiyatsiz tugaganini eshitdik. Shunday ekan, Islom-Salay juftboshligini ajratish ham kun tartibiga chiqmoqda.
To’g’ri, bunga mustaqillikning dastlabki yillarida ham urinilgan. Madaminov rejimning qo’yniga “Erk” bo’lib kirganida. O’shanda bu muolajani oxiriga etkozolmagan “Birlik”chilarning ishini, ajabmaski, Jahongir Mamatov nihoyasiga etkazsa. Agar bu muolaja ham tarixdagi singari fojiali tugasa, ya’ni egizaklarning jonini saqlab qololmasak, taqdirding irodasi… Menimcha, bu ishda M. Malikovning hissasi katta bo’ladiganga o’xshaydi. Chunki bu odam o’sha paytlarda “Erk”ning ro’yxatga olinishi-yu, uning davlat dotatsiyasiga kiritilishiga guvoh bo’lgan.(Turonzamin, 31-01-2007).

ZAFARMIRZO ISOQOV׃

O’zbek xalqining so’nggi o’n yil ichida boshiga tushgan musibatlariga hozirgi rejim bilan birga Muhammad Solih va Abdurahim Po’latovlar ham teppa-teng aybdordir. Bular mansab talashib qilgan birinchi ishlari, Birlik xalq harakatini ikkiga bo’lishlaridir. O’n minglab fidoyilar, kechani-kecha, kunduzni kunduz demay mehnat qilib, ataylab ardoqlab voyaga etkazgan Birlik xalq harakatini bular xarob qilishdi. Natijada ziyolilar ham bo’lindi. Viloyat, rayon, qishloqlarda ham bo’linish yuz berdi. Bir qishloqda Birlik a’zolari bo’linib qolib, keyin mushtlashganiga guvoh bo’lganman. ERK partiyasi birdaniga hukumat tarafiga o’tib ketdi. Nima uchun, deb hayron bo’ldik? Shunda ERK partiyasining viloyatdagi bir ”aqlli“ rahbari menga ”Biz hukumatni ichidan buzamiz, tushundingizmi“ dedi. Bu ishlar katta bir o’yin boshlanganining ishorasi edi. (“Amerika Ovozi”, 11 Mart, 2001 yil).

RIZO OBID׃

Agar mendan Salay Madaminov siyosat bobida qanday shaxs, deb so’rashsa, hech ikkilanmay: u siyosatchi emas, balki buyuk xayolparast, deb javob bergan bo’lar edim. Bu haqda ko’plab maqolalar, murojaatlar yozdim, boshqalar ham yozishdi. Lekin u avval ham aytilganiday mum tishlaganday, Karimovning taxtiga egalik qilaman, degan xayol bilan o’tiribdi.

Vaholanki, Salay Madaminov barcha imkoniyatlar bor bo’lgan paytda bir narsaga erisholmagan, endi bu yoqda yurib xalyolparastlik bilan bir narsaga erisholadimi?

Bugun O’zbekistonda uni unutishgan. Xayollar esa taxtga o’tirish uchun xayol bo’lib qolaveradi….

Ha, yana bir narsani kezi kelganda takroran aytilsa bo’lar. Karimov ham oddiy fuqarolariga quloq osishni daxmaza sanaydi. Madaminov ham ayni shunday.

(24 fevral,2007 yil).

ZOKIR ALI׃

Yaqinda meni taajjubga solgan boshqa holat yuz berdi. AQSh Federal tekshiruv organi vakillari, Muhammad Solihni va ERKning u rahbarlik qilayotgan guruhi bilan qiziqib, mening fikr va qarashlarimni bilish istagida ekanliklarini bildirdilar. Ular mendan bu guruhga aloqam bo’lib-bo’lmaganini surishtirdilar. Shuningdek, bu guruh haqida bilishni istadilar. Men o’zim bilgan voqea-hodisalar haqidagina gapira olishim mumkinligini aytar ekanman, ular ko’proq “ERK” terrori haqida bilmoqchi bo’lganliklarini anglamoq qiyin emas edi. Albatta bunday jiddiy tashkilotga nojiddiy qarab bo’lmasdi. Shu sabab, “ERK”ning nimalar bilan shug’ullanayotganini, nima faoliyat qilayotganini, ko’proq unga o’zini mansub deb bilgan kishilardan o’rganishi maqsadga muvofiq bo’lishi fikrini aytdim.

Bundan ham ko’rinib turibdiki, “ERK” terror fraktsiyasiga aylangan degan gap hamma joyga yoyilib bo’lgan. Bu guruhni yaqin yaqingacha, men tanigan, bilgan, yurt ichidagi va tashqarisidagi “ERK”ning ziyoli faollari tark etishga boshlagani ham shundan bo’lsa kerak. Buni ular bergan iste’fo maktublarida ko’rish mumkin. Shubham yo’qki ular“ERK” safini tark qilishining jiddiy sabablari bor va mendan ham ko’proq ma’lumotga egadir, vaqti kelib ularni ham eshitish fursati bo’lib qolar.

Shundan paytda, M. Solihni AQSh qo’llamoqda deb gap qilish insofdan emas. Uning orqasida demokratik dunyo turibdi, xalqimiz yo’llarga chiqib uni kutmoqda degan gaplar bilan bugun hech kimni alday olmaysiz. M.Solihni faqat falonchilargina yomonlamoqda deb kitob chiqargan bilan ham bir narsaga erisha olmaysiz. Aksi bo’ladi. Necha yillardir indamay yurgan men kabilar ham bunday paytda o’z fikrlarini aytishga boshlaydilar. Boshqacha aytganda ot teskari tepadi. (Turonzamain, Iyul, 2006).

7.BILIB-BILMAY…

Islom Karimov bilan Shukrulla Mirsaidov o’zoq yillik do’st bo’lishgan. Davlat planlashtirish idorasida ham birga ishlashgan. Karimovning “Gosplan” raisi, Qashqadaryo viloyat partiya qo’mitasining, keyin O’zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining birinchi kotibi bo’lishida Mirsaidov katta rol o’ynagan. Karimovning o’zi uni Bosh vazir, vitse prezident vazifalariga tavsiya qilgandi. Bir kun Karimov Mirsaidov ishga chiqmay qo’yganidan g’azzablanib, u haqda gapirar ekan, qandaydir maqsadni ko’zlab׃

-Mana sizlar bilmaysizlar, uning Moskvada Sergey degan oshnasi bor. Hamma joyda uning nomini sotib yuribdi, hamma ishni o’sha orqali bajararmish…-dedi.

Bu gapga kimdir e’tibor qildi va kimdir e’tibor qilmadi.

Oradan bir muddat o’tib, endi muxolifatda bo’lgan Mirsaidov bilan gaplashganimda yodimga Sergey haqidagi gap keldi va shu haqda ham so’radim. Shukrulla aka boshini egib, o’yga toldi-da, keyin kinoyali bir jilmayish bilan׃

-Islom aka doim yangi ishga tayinlanganda Moskva ishkal chiqargan. Uning akasi, ukasi qamalganini ro’kach qilgan. O’shanda doim borni yo’q qiladigan Sergey oraga kirgan. Bilishimcha, Islom aka Moskvaga bordi deguncha uning oilaviy mehmoni bo’ladi,-dedi.

Yaqinda bir odam bilan tanishdim. U o’sha kezlarda vazir bo’lgan va indamay chetga ketib qolgan, ko’p yillardan beri AQShda yashar ekan. Uning aytishicha, Sergey hali ham bor va hali ham “qo’li uzun”.

Sobiq vazirga ko’ra׃

-Sergey Moskvani yotqizib turg’zadigan odam. Karimovni Gdlyanlar qo’lidan ham o’sha qutqazgan. Moskvani ”so’raydigan” Sergey degan sirli shaxs 1990 yillarda O’zbekiston Ichki Ishlar vaziri bo’lgan Kamolovning yaqin do’sti bo’lgan. Karimov va Mirsaidovni unga “olib chiqqan” ham Kamolov. Nimadir bo’lib, Sergey va Kamolovning orasi buzilib, ular dushmanga aylanib qolishadi. Bundan xabar topgan Karimov darhol Kamolovni yo’qotishga kirishadi va unga “ket” deydi. U Moskvaga ketib qoladi. Mirsaidovning Sergey va Kamolov orasidagi gapdan xabari bo’lmaydi. Karimov bu haqda Mirsaidovga aytmaydi. U esa Sergeyga Kamolov haqida yaxshi gaplar gapirib qo’ygan bo’lishi mumkin. Chunki ko’p o’tmay Kamolov sirli ravishda o’ldi. Mirsaidov esa quvg’inga tushdi…

…1992 yil Salay Madaminov Turkiyadan bir qancha taklifnoma olib keldi. Taklifnomalar Erk partiyasining Oliy Majlisdagi fraktsiyasini tuzish uchun ro’yxatga kirgan deputatlar nomiga yozilgan edi. Taklifnoma Turkiyadagi Turkiston jamiyati nomidan bo’lib, unga mazkur jamiyat raisi Ahad Andijon imzo chekkandi. Men o’shanda Turon jamiyatining prezidenti edim va taklifnomaga “O’zbekiston xalq deputati va Turon jamiyatining prezidenti Jahongir Muhammad (Mamatov)ni o’zaro hamkorlik qilish maqsadida Turkiyaga da’vat etamiz” deb yozilgandi.

Salay Madaminov xuddi shunday taklifnoma O’zbekiston xalq deputatlari Samandar Qo’qonov, Murod Jo’raev, Otajon Polvonov, Nasrulla Saidov, Imom Fayziev va boshqalar nomiga ham yozilganini aytdi. Mamnun bo’ldim. Turkiyadagi Turkiston jamiyati, xususan uning raisi Ahad Andijon imzosi bilan taklifnoma olish o’sha paytlar uchun katta voqea edi.

Deputatlar chet elga chiqishi uchun Tashqi ishlar vazirligiga murojaat bilan bir qatorda Oliy Majlis hay’atiga ham xat yozib, da’vatnoma nusxasini topshirib, sabablarini ko’rsatib, izn olish tartibi bor edi. Shunday qildim. Oliy majlis hay’atidan javob bo’lavermadi. Kotibdan so’rasam u “Raisimiz prezidentga uchrashib izn olishlari kerak” dedi.

Tashqi Ishlar vazirligidan bir kishi kelib, ”Viza uchun diplomatik pasportingizni berib turing” dedi. Vaqt o’tishi bilan Oliy majlisdan prezidentning jahli chiqqani va vazirlikdan esa “Pasportingiz olib qo’yildi“ degan javob eshitdim.

Sababini tushuna olmay vazirlikdagilar va Oliy majlisdagilar bilan janjallashib yuraverdim.

Buning ustiga shundan keyin meni kuzatadigan, telefonlarimni ham eshitadigan bo’lishdi.

Men Samarqandda izimdan yurgan IIVning 7-boshqaramasi xodimi Izzatdinovni ushlab, guvohnoma va ratsiyasini olib qo’ygach va bu haqda huquqni saqlash idoralariga deputatlik so’rovi kiritganimda vazir Zokir Almatov ”Mening qo’limda dalillar bor. Kimlar Turkiyadagi Turkiston jamiyat bilan birlashib davlat to’ntarishi qilmoqchi. Men buni isbot etaman“ dedi. Uning bu gapini jiddiyga olmadim.

Shu orada Adliya vazirligi Turon jamiyatini qonunga xilof bo’lsada, bekitdi. (O’sha kezda vazir bo’lgan Muhammad Bobir Malikovning aytishicha, bu haqda bevosita prezidentning o’zi topshiriq bergan-JM). Bunday jamiyatlarni faqat sud qarori bilan bekitish mumkin edi. Sud ham qo’lida bo’lishiga qaramay Karimovda toqat yo’q edi.

Xo’sh bu voqeaning Salay Madaminovning xatarli ekani bilan nima aloqasi bor? Gap shundaki, oradan ikki yil o’tib, Turkiyaga borganda bildimki, Islom Karimovning bu o’lkaga safari chog’ida Turkiston jamiyatining raisi Ahad Andijon unga ”Qachon demokratiya qilasiz?” deb bir-ikki qattiq savollar bergan.

Turkiyadagi turkistonliklar bilan uchrashuv chog’ida ona tilini purro biladigan va gaplarni terib-terib, nuqatasiga uradigan Ahad Andijon o’ziga xos yo’g’on ovozda Karimovni savolga tutgani va uni qattiq izza qilganini eshitdim. Islom Karimov o’shanda turkistonliklar bilan uchrashuvni juda xafa holda tark etgan ekan.

Bundan foydalangan kazo-kazolar Karimovga “Ahad Andijon sizga qarshi davlat to’ntarishi tayyorlamoqda”, deb aytishgan. Oradan ko’p o’tmay Salay Madaminov Turkiyaga boradi va deyarli Ahad Andijon bilan birga bo’ladi. Undan demokrat deputatlar nomiga taklifnomalar yozdirib qaytadi. Bu esa Karimov nazdida davlat to’ntarishining a’zolari kimlar ekanligini isbotlagandek go’yo.

Yaqin o’tmishga qarab, bu shunchaki tasodif bo’lgan, deb aytolmayman. Chunki u Karimov va Ahad Andijon voqeasidan bevosita xabardor bo’lgan, bilib turib uni bizdan yashirishi va bizni o’tga ro’para qilishi qiziq edi?

Buning ustiga Istanbulda bu haqda Ahad Andijon bilan gaplashganimizda u “Taklifnomalarni boshqa tashkilotdan qilaylik, mening taklifim zarar berishi mumkin” deb aytganini eslatdi. Madaminov esa “vaqtimiz qolmadi” deb javob qilgan ekan.

Siyosatchi o’z safdoshlarini o’tga otishi bilan emas, o’tdan qutqazib qolishi bilan ajralib turishi kerak emasmi?

Keyinchalik, bunday voqealar tasodif emasligi haqida shubha paydo bo’ldi. Masalan, u ”Kun tartibidan tushmasligimiz uchun bir qancha odamimiz qamoqda o’tirishi kerak!”, ”Biz bilan birga bo’lishga ikkilanib yurganlarni Karimovning qo’li bilan tarbiyalab, o’zimizning doimiy odamimizga aylantiramiz“, “Bizdan uzoqlashganlarni hukumatga ro’para qilish kerak, ana undan keyin bizga qaytib, sadoqat bilan xizmat qiladilar“ kabi gaplarni hech tap tortmay aytishini eshitgach va bunday voqealarning ko’piga guvoh bo’lgach, uning Karimov kabi xatarli ekani haqida o’ylay boshladim. Keyingi bo’limlarda ana shunday voqealarga birma-bir to’xtalganimizda siz ham balki shu haqda o’ylay boshlashingiz mumkin…

8. AKALAR VA UKALAR

1989 yil Islom Karimov O’zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining birinchi kotibi bo’lgach, oradan ko’p o’tmay u vazifaga tayinlagan Ichki ishlar vaziri Vyacheslav Muxtorov Oliy sud raisi Muhammadbobur Malikovga telefon qiladi. Kamolov Islom Karimovning ukasi qamoqda ekanligi va Oliy sud uning ishini nazorat tartibida ko’rib chiqishini va uni ozod qilishini so’raydi.

-U menga buni shaxsan Karimovning o’zi buyurganini bildirdi va tezroq qilaylik, deb qistalangga oldi,-dedi voqeani samimiyat bilan bor holicha gapirib bergan Bobur aka.- Men Karimovning ukasi qaysi qamoqda ekanligini so’radim. Pop tumanidagi turmada ekan. Davlat mol-mulkini katta miqdorda talon taroj qilishda ayblangan ekan. Xullas, biz bu yoqdan, prokuratura u yoqdan ko’rib chiqib, ukasini ozod qildik. Bir kun Karimovning huzuriga kirsam, u gapni uzoqdan boshlab, ukasidan tonib yubordi. U asli unga o’gaymi-ey, arzandimi-ey, xullas, uning qamoqda o’tirib o’tirmasligining unga qizig’i yo’qligi haqida gapira boshladi. Men uni tushundim, bu ishni qildingizlar, ammo mening tilimni qisiq qilmanglar, degan gapga olib keldi…

Boshqa bir manbaga ko’ra, ukasi qamoqdan chiqqandan keyin Karimov uni qabul qilmagani uchun norozi bo’lgach, qo’l siltab Samarqandga ketgan. Lekin o’zbekchilikni bilasiz, akasi qabul qilmagani bilan qabul qiladiganlar ko’p bo’ladi. Har ehtimolga qarshi “kattakon”ning ukasini o’ziga yaqin qilib qo’yish o’zbekka xosdir.

1990 yillar boshida Samarqandda viloyat hokimi bo’lgan Po’lat Abdurahmonov Karimovning qamoqdan chiqqan ukasini har tomonlama qo’llaydi. Bundan foydalangan ukasi tez orada Samarqand mafiyasini qo’lga oladi. Keyinchalik O’zbekiston mafiyasining qozikaloniga aylanadi. Endi u Karimovga kerak bo’ladi va oralari tuzaladi. Karimov o’z muxoliflariga qarshi qora kuch ishlatganda buni ukasi orqali amalga oshirib kelmoqda.

Islom Karimov aslida oilasiga qattiq bog’lanmagan. Otasi uni oq qilganidan keyin Samarqanddan ketib qolgan va aka-ukalari bilan ham aloqasi uzilib ketgan. Ular qamalganda hatto qiziqmagan ham. Aksincha, Davlat planlashtirish qo’mitasi raisi va Qashqadaryo viloyat partiya komitetining birinchi kotibligiga tayinlangan kezlarda ham aka-ukalari borasidagi ma’lumotlarni yashirib kelgan. Faqat uning nomzodi O’zbekiston kompartiyasi Markaziy komitetining birinchi kotibligiga qo’yilganda, uning ikki qardoshi qamalgani o’rta chiqadi…

Dunyoning ishlarini qarang, xuddi bugun Madaminovning ikki ukasi qamoqda bo’lganidek, Sovet davrida Karimovning ham ikki qardoshi qamoqda bo’lgan…

Mening nazarimda katta siyosatga kirgan siyosatchi aka-ukalarini ham yoniga olsa, bu uning zaifligidan darak. Chunki boshqalarga ishonmagani va boshqalar ham unga ishonmagani uchun o’z yaqinlari, aka-ukalarini yoniga oladi. Agar yaqinlari mustaqil siyosatchilar bo’lishsa va ular siyosatning turli jabhalarida harakat qilsalar bu boshqa masala. Ammo akasining aytganidan chiqmaydigan va siyosatning ko’chasidan o’tmagan, shunchaki, ijrochilar bo’lishsa, ham ularga qiyin, ham jamiyatga.

Madaminovning bugun qamoqda yotgan ukasi Muhammadning taqdiri uchun birinchi galda akasi mas’ul. Chunki Muhammadni yaqindan bilardim. U akasi nima desa, uning izidan chiqmaydigan, akasiga xuddi qul kabi tobe edi. U jurnalist sifatida bir satr narsa yozgan emas. Gazetaning texnik ishlarini qilar va shuning hisobiga partiyadan maosh olardi. U bir soat ham gazetaga bosh muharrir bo’lgan emas. Ammo Madaminov Avropa parlamentidagilarga “ukam gazetaning bosh muharriri” edi deya uni Saxarov mukofoti laureatligiga ko’rsatib, shov-shuv ko’tarib, masxarabozlik qildi.

Madaminovning yana bir ukasi Maqsud Bekjonni 1993 yil 3 Yanvarda partiya Markaziy kengashi plenumida “ERK” gazetasiga bosh muharrir etib saylanganimdan keyin yaqindan tanidim. U gazetaning bo’lim mudiri hisoblanar va shu erdan maosh olar ekan. Ammo ishga kelmasdi. Haftada bir ko’rinar va bo’yniga o’rab yuradigan sharfining ortidan norozi qiyofada bir narsalar deb ketib qolardi. Uning ahyon-ahyonda she’r qoralashini, ammo favqulodda bir iste’dodi yo’qligini gapirishardi. Umuman ERK partiyasidagilar Madaminovning ukalari va jiyanlari partiyaga xo’jayinlik qilishidan norozi edilar.

Men bir kun hay’at majlisida Partiyaning mafkuraviy masalalar bo’yicha kotibi sifatida Madaminovga “oila”ning ”ikkinchi rais”ligiga chek qo’yish kerakligini yumshoq qilib, ammo ochiq aytdim. Madaminovning jahli chiqdiyu bir narsa deya olmadi. Ertasidan ukasi men bilan ko’rishmay o’tadigan bo’ldi. U sekin asta partiyadan uzoqlashib, o’zini ko’rsatmay yurdi, Xorazmga ketib qolgan ekan.

Biz 1994 yilda gazetani Turkiyada turib chiqarar ekanmiz, uning qamalganini eshitdik.

Maqsud Bekjonning 1994 yil, 15 Aprelda imzolangan va “Akam Muhammad Solihga ochiq xat” deb nomlangan bayonoti “Xorazm haqiqati” gazetasining 19 Apreldagi sonida chiqqanini eshitdik. Ko’p o’tmay, Madaminovning yoniga MXX tomonidan kiritilgan Adham Roziqov bu xat chop etilgan gazetalardan olib keldi.

-Buni u yozmagan,-dedi Madaminov.-Boshqalar yozib, unga qo’l qo’ydirishgan.

-O’zi yozgan. Butilkaning ustiga o’tqazgandan keyin har qanday odam ham yozadi,-dedi Adham. Bu gap Madaminovga yoqmagani uchun u׃-Maqsud hozir sanchastda, ahvoli og’ir ekan, odamlarim bilan gaplashayapman, uni olib chiqamiz,-deb qo’shib qo’ydi.

Men “Bunday xatdan keyin Karimovning o’zi uni ozod etib yuborishi turgan gap” demoqchi edim, ammo bunday paytda hamdardlik gaplarigina aytilishini eslab, tilimni tiydim.

Shunday ham bo’ldi. Maqsud Bekjon qamoqdan qo’yib yuborildi va akasining yoniga qarab yo’lga chiqdi.

Uning gazetalarda e’lon qilingan Ochiq xati shunday boshlanardi׃

“Garchand men “ERK” partiyasining faollaridan bo’lmasamda, oddiy “ERK” a’zosi sifatida siz boshqarayotgan partiyaning boshi berk ko’chaga kirib qolganini ko’ra bila turib, indamay, qarab turishni o’zimga loyiq deb topolmadim…”

Xat avvalida “ERK” gazetasining O’zbekistonda tarqalishi shov-shuv bo’lgani aytilib, undagi ba’zi “o’yinqaroq” materiallar tanqid qilinadi. Keyin prezidentning shaxsan o’zi partiya uchun sharoit yaratib bergani va uzoqni ko’ra olmaslik tufayli bu imkoniyat boy berilgani aytiladi. Uning bu gaplarini bilmaymanu, lekin mana bu gapi diqqatimni tortgan va o’sha kezdayoq shu satrlar ostiga chizib qo’ygandim׃

“Partiya ichida partiya faoliyatiga doir har qanday tanqid ayovsiz bostirildi”.

Shundan keyin xatda Karimovning “oyog’ini yalash” boshlanadi. Shu o’rinda aytish kerakki, muxolifat safida turib, Karimov haqida xushomad gap aytishda hech kim haliga qadar Maqsud Bekjon darajasiga etgan emas. Lekin Madaminovga qarshi yozgan yoki “ERK”ni tark etishda bayonot bergan boshqa “erk”chilar sotqin deb qoralandi, ularga qarshi quloch-quloch maqolalar yozildi. Ammo Maqsud Bekjonning yozgani unutildi. Boshqalar boshqa, uka esa uka-da!

Aytishingiz mumkin, Maqsudning yozganlari tahrir qilingan va Karimovga “paxta qo’yilgan” satrlar qo’shilgan bo’lishi mumkin deb. Hatto Adham Roziqov aytganidek, shunday maqtovlar yozdirishga majbur qilingandur?! Buni tushunish mumkin. Bo’lishi ham mumkin. Buni inkor etmayman. Lekin bugunga qadar u o’sha xatiga raddiya bermadi. Bu gaplarim noto’g’ri edi, akam demokrat, tanqid uchun hech kimdan o’ch olmadi, deb yozmadi. Aksincha akasiga qo’shilib, tanqid qiluvchilardan o’ch olishning iflos yo’llariga bosh urdi. Mening ustimdan “Amerika ovozi”ga bo’htonlar uyushtirdi, men tashlab ketgandan keyin bir yilda arang bir yoki ikki marta chiqarilgan “ERK” gazetasida menga qarshi kurakda turmaydigan uydirmalar yozdi.

Xullas, gohida o’z nomidan, gohida imzosiz maqolalar bilan hamda “so’kinish postinglarining qiroli”ga aylanib, akasining obro’yini oshirmadi, aksincha uning siyosiy jihatdan “belini sindirdi”. Xuddi Islom Karimovning ukasi reketchilik qilib u qozongan tavqi la’natlarga la’nat qo’shayotgani kabi…

*Ochiq xatni DO’K Fotoalbimdan o’qishingiz mumkin.

9. “HAQIQATNI MEN YaRATAMAN”

1991 yilning 4 noyabr kuni Samarqandda edim. Jomboyda saylovchilar bilan uchrashuvga borib, kechgacha tumanda qolib ketdim. Uyga kelsam, Karimovning yordamchisi Kraynov bir necha marta telefon qilganini aytishdi. Ertasiga Toshkentga qaytib, unga uchrashdim. U paytda Xalq deputatlari va prezident o’rtasidagi aloqalarni muvofiqlashtirish sektorini boshqarardim.

-Islom akam maqolangiz uchun rahmat aytmoqchi edilar,-dedi Kraynov.

-Qaysi maqolam uchun?-deya hayron bo’ldim.

-Mana bu!-deb u va “O’zbekiston ovozi” gazetasini uzatdi. Unda mening “Kundaga qo’yilgan bosh” degan maqolam chiqqan ekan. Bu maqolani bir yil oldin 1990 yilning 20 Iyunida Mustaqillik deklaratsiyasi qabul qilingandan keyin yozgandim. Unda juda jiddiy masalalar ko’tarilgandi. Mana oradan 16 yil o’tib ham hali o’sha masalalar kun tartibida dolzarb bo’lib turibdi.

O’shanda maqolamni nashr etishni gazeta bosh muharriri Rasul Rahmonov turli sabablar bilan orqaga tashlab kelayotgandi. Hali birinchi kurs talabasi ekanligimda meni ilk bor matbuotga ishga boshlab kelgan bu inson menga yomonlikni ravo ko’rmaydi, degan o’y bilan u kishiga qattiq gapira olmas va bir kuni nashr etadi degan fikrda edim.

Nihoyat uni sahifaga qo’yishibdi va tsenzura rahbari ”Shuni nashr etaylikmi?” deya Karimovga olib kelibdi. Maqolada ruslarga qarshi gaplar bor edi. Meni hayratga solgan narsa maqolamdagi quyidagi satrlar׃

“Keyingi yillarda dardimiz ichimizda edi. Ilk marta saylovlar arafasida kamina ham ochiqchasiga gapirdim. Saylovoldi dasturimning birinchi talabi etib, xalq irodasini ifodalab O’zbekiston mustaqilligi uchun kurash masalasini qo’ygan edim. Etilgan masalalar – jamiyat chirib bitgani, el-ulus qulga, manqurtga aylanib qolayotgani, dunyoning eng mazlum o’lkasi bizning yurt ekani va xullas, jamiki dardlarimizdan faqat mustaqillik tufayli xalos bo’lishimizni yozgandim.

Yuqorida aytganimizdek, Oliy Kengashning birinchi anjumanida mustaqillik degan so’z ko’plarni cho’chitib yubordi. Ammo o’sha cho’chiganlarning yuragi ham mustaqillik, deb tepayotgani yuzlaridan ayon edi. So’ngra bu muhim masala Oliy Kengash Rayosatida ko’tarildi…. Ko’plab deputatlar O’zbekiston Oliy Kengashining II sessiyasida “Mustaqillik deklaratsiyasi” qabul qilinishi uchun qattiq turdilar. Unga erishish uchun olib borilgan jang alohida yozilajak katta mavzu… .

Mana bu satrlar qo’shilgani bo’ldi׃

“Ma’lumingiz, Islom Abdug’anievich Karimovning roziligi va qo’llab quvvatlashi bilan “Mustaqillik deklaratsiyasi” II sessiyada e’lon qilindi” .

Bu satrlar butun maqolaning ruhiga zid va hatto qo’shilgan joyi ham juda o’rinsiz edi. (Maqolaning mana shu satrlar olib tashlangan qismini quyida o’qishingiz mumkin).

Men darhol Rasul Rahmonovga telefon qildim׃

-Shunday qilmasam, chiqmas edi,-dedi u kishi juda yumshoqlik bilan.

Oradan ko’p o’tmay Rasul akaning o’zi kirib keldi va birgalikda tushlikka chiqdik. Bog’da aylanib yurganimizda u׃

-Jang haqida hali yozaman degan gap u kishiga yoqmabdi. Meni chaqirdilar. Shu joyini qisqartirishni taklif qildim. U kishi “Jahongir buni katta gapga aylantirib yuboradi, o’zi bilan gaplashinglar” dedilar. Sizni topolmadik. Keyin qo’shimchani o’zlari mana shu joyga qo’shinglar deb belgi qo’yib berdilar, o’zlari ham sizga telefon qildilar, topolmadilar… Rostdan ham u kishi aytmasalar Deklaratsiya e’lon qilinmasdi. Bunga o’zim ham guvohman,-dedi u o’zini oqlab.

Darhaqiqat, deputatlarning bosimidan keyin Karimov o’zi aytib Deklaratsiyaning o’zgartirilgan matnini bo’lsada matbuotga chiqartirgan edi. Bu haqda IAKda batafsil yozganman.

O’shanda Karimov o’z nomini o’zi mening maqolamga kiritgani meni hayratga solgandi. U shu bilan sessiya jarayonida bo’lib o’tgan janglar haqidagi xotiralarni o’ldirmoqchi bo’ldimi? Shunday jumla qo’shilsa, shundan keyin mening bu mavzuga qaytishimga yo’l qolmaydi deb o’yladimi? Ya’ni sopini ham o’zidan chiqarishni rejaladimi? Balki o’sha kun meni topganda, bir bahona bilan maqolani olib qolarmidim? Yoki uning “xizmati” haqida boshqacharoq qilib qo’sharmidim?

Lekin Kraynovning gapi ham qiziq bo’lgandi. Maqolam 5 Noyabr kuni chiqqan va Karimov menga 4 Noyabr kuni rahmat aytmoqchi bo’lgan ekan. Demak, Rasul akaning gapi haq. Maqolani bir kun oldin Karimovning o’zi ko’rib, o’zi qo’shimcha qo’shilishini talab qilgan…

1994 yilda Turkiyada “ERK” gazetasiga muharrirlik qilar edim. Gazetada mening “Saroy o’yinlari” kitobimdan parchalar berib borilayotgan edi.

Samarqandda umr yo’ldoshimni sud qilishayotgani uchun to’rt norasida farzandimni Ozarbayjonga jo’natishgan edi. 1994 yil May oyida Ozarbayjonga ketdim. Oilamni olib kelishim kerak edi. Ketish oldidan Salay Madaminov bilan “san-man”ga bordik. U oilamni olib kelishga qarshilik qildi. Men unga faollar “ERK”dan bekorga ketmayotgan ekan, men ham ketdim, qaytib kelganimda kerak bo’lsa, rasman e’lon ham qilaman, dedim.

1994 yil 17 Iyun kuni Istanbulga keldik. Kelsam. Men yo’g’imda yosh jurnalistlar bilan birga gazetaning keyingi sonini chiqarishibdi. Men turadigan uyni ochishib, kitobimning qo’lyozmasini topib, gazetaning ikki sahifasiga ikki bobni qo’yishibdi. Dastlabki bob “Mustaqillik deklaratsiyasi” deb nomlangan va unda bu hujjat qanday qabul qilingani haqida, Oliy kengashdagi jang borasida yozilgan edi.

Meni hayratga solgan narsa “ERK” gazetasining 1994 yil, 16 Iyun, 11(106) sonida chiqqan bu bobda men yozmagan narsalar paydo bo’lgani edi.

Unda “Bu xususda Muhammad Solih shunday hikoya qiladi..”, deya voqealar jarayoni Salay Madaminov tomonidan aytib beriladi va men yozgan narsalarga mutloq bog’lanmay qoladi. Buning ustiga u asosan o’zining rolini oshirib ko’rsatgani va buni mening nomim bilan qilishga uringani jahlimni chiqardi.

Lekin bundan ham dahshatlisi, “Qamoqdan xat” deb nomlangan keyingi bobning oxiriga Salay Madaminov quyidagi satrlarni qo’shgandi.

“Muhtaram professorimiz Otanazar Oripov ham ba’zi “erk”chilar kabi o’z partiyasini tark etsa yoki unga loy chaplaganda edi, uni qamoqdan chiqargan bo’lardilar. Lekin u bunday qilmadi. Insoniy g’urur va o’z e’tiqodiga sadoqat bunga yo’l qo’ymadi…”

(Maqolaning umumiy ko’rinishi) va (Salay Madaminov o’z qo’li bilan mening asarim sahifasiga va sahifa ortiga yozgan, keyin gazetaga chiqargan qo’shimcha).

Salay Madaminovning bu ishi menga Karimovni eslatdi. U ham sopini o’zidan chiqarmoqchi bo’ldimi? Men endi partiyadan chiqishimni e’lon qilsam, u meni beburdlikda ablaydi, insoniy g’urur va o’z e’tiqodi yo’q deydi. Kecha bunday deb yozib, ertasiga aksini qildi deydi. Shunday bo’ldi ham. U meni aybladi. Lekin bir kun kelib haqiqat baribir o’rtaga chiqishini o’shanda yo o’ylamagandi yoki Karimov kabi haqiqatni men yarataman deb bilgan.

Hujjatlarni surat holatida Fotoalbomda ko’rishingiz mumkin׃

1.Maqolaning umumiy ko’rinishi

2.Salay Madaminov o’z qo’li bilan mening asarim sahifasiga yozgan ilova

3.Sahifa ortiga yozgan qo’shimcha

4. Bu qo’shimchning gazetadagi ko’rinishi.

10.”ShAYTONBAChChALAR”

Karimovning el oldida va el ortida takrorlaydigan ikkita so’zi juda ham “mashhur”. El oldida u “aytaylik” kalimasini ko’p ishlatsa, el ortida esa “shaytonbachcha” degan so’zni ko’p takrorlaydi.

Bir kuni mening bir savolimdan uning xunobi oshib, olamni buzayotgan edi, o’sha erda bo’lgan Murod Muhammad Do’st unga bir dasta xatlarni uzatib׃

-Mana bu generallardan kelgan edi,-dedi.

Shunda Karimov bir soniya ham o’ylamasdan “Buni falon joyingga tiqib qo’y” dedi. U yozuvchi odamni tahqirladi. Yana bizning yonimizda.

Islom Karimov atrofidagi odamlarni qanday so’kishi, haqoratlashi haqida kitoblarimda ko’p yozganman. U juda yomon so’kinar edi. Buning sabablari haqida o’ylar ekanman, bir paytlar o’qiganim bir olimning kuzatishlari yodimga tushadi.

U dunyo aholisining 30 foizi ruhiy kasallik bilan xastalangan, deb yozgandi. Bu esa oddiy asabiylikdan boshlab, shezofreniya, paranoya, paranoyik skleroz va boshqa ko’rinishlarda bo’larkan. Kasallik belgilari juda ko’p. Olimning tadqiqotlariga razm solib chiqqach, so’kinadigan odamlarda, jumladan Karimovda yuqorida nomi zikr etilgan kasalliklarning belgilarini ko’rish mumkin. Olimga ko’ra, bolaligida va yoki undan keyin zo’rlangan, tahqirlangan kishi bir umr ruhiy bosim ostida qoladi. U gapirganda va yoki yozganda ana shu o’tmishining ta’siri ostida bo’ladi va o’zi bilmagan holatda boshqalarni so’ka boshlaydi.

Olimning haqligi shundaki, hayotda bunday misollarga juda ko’p duch kelganmiz. Ayniqsa Internetning izohlar yoziladigan joyi bundaylarning huzur qilib, yayraydigan maydoniga aylandi. Bu juda ham yomon. Chunki izohlar –mayda-chuyda narsalardir. Mayda chuyda yozgan odam maydalashib ketaveradi va bora-bora mayda-chuydaning nashavaniga aylanadi.

Bu masalalarni tadqiq qilganlar shuni yozadilarki, jinsiy jihatdan yaroqsiz bo’lib qolgan, yoki bu masalada bir maummosi bor odam, doim boshqalarni “unday qilib quyaman, bunday qilib yuboraman” deb so’kar ekan. U o’z nuqsini boshqalar sezib qolsa, keyin nima qilaman va eshitishgan bo’lishsa qanday bosh ko’tarib yuraman, kabi andishalar bilan ismini yashirib, laqablar yoki boshqalarning ismi bilan yozarkan.

Umri poraxo’rlik bilan o’tgan odam esa doim halollik haqida gapirishga va boshqalarni poraxo’rlikda ayblashga intilgani kabi bir holdir bu. Bunday odamlar hatto xuddi oldi-berdining ustida turgandek, falonchi falon yilda falon joyda falon odamdan pora olgan, edi deb yozadilar yoki aytadilar. Ular kimdir ishonib, kimdir ishonmasligini diqqatga olmaydilar. Ular o’zlarining tor manfaatlari uchun butun dunyoni portlatib yuborishga tayyor turadilar. Bir kun ayblarining ustidagi parda olinsa, bunday odamlar faqat men emas, boshqalar ham shu ishni qilgan, degan fikr bilan o’zlarini aldar ekanlar.

Masalan, Allohga ishonishini pesh qilaverganlar ham aslida ishonmaydigan odamlar bo’lib chiqadi. Ular soqol qo’yishlari, namoz o’qishlari mumkin, lekin hadeb Alloh nomini ishlatishlari bir narsani yashirishlarini sezdirib turadi. Kuzating, din haqida, Alloh haqida eng ko’p gapiradigan Karimov. Lekin ichkarida Allohni ham so’kib yuborsa kerak.

Uning ikki yuzi bor edi. Ichkarida so’kinib gaplashsa tashqarida, el oldida muloyim bo’lib qolardi. Lekin uning so’kinishlarini o’ziga maqtashdimi, har holda nima bo’ldi bilmayman, u tashqarida ham so’kinadigan bo’ldi. Benomuslikni hatto jurnalistlar huzuriga ham olib chiqdi. Uning Kremlning ostonasiga bosh qo’yar ekan “Bizga kim dumini ko’tarsa..” deb boshlanadigan gapini hamma eshitgandi va hokazo.

Salay Madaminov va uning atrofidagi yaqinlari ham so’kinish kasaliga yo’liqqanlar. Bugungacha ular bu ishni laqablarini ishga solib yoki nomsiz holda bajarishar edi. Qaysi bir baraka topgur o’zi bilmagan holda Madaminovni ochiq yozishga boshlabdi. Uning bitta maqolasi 17 yillik niqobini yirtdi-qo’ydi.

Ilmu tolib yigitlardan biri-Bobur Xoliqnazarov Salay Madaminovning Muhammad Solih laqabi bilan yozgan “Nomus” degan maqolasini o’qib, unga savollar yozar ekan, uning hayosiz, benomusligini dalil bilan isbotlagan. Qarang, bitta kichkina maqolada insonni tahqirlovchi qancha haqorat bor׃

“Salay Madaminov׃

-xuddi o’laksaxo’r quzg’unlar kabi…

-shaytonlagan ayol kabi hushdan ketadilar…

-firibgar…

-maxluq…

-bir suyak tashlagandi…

-nomussiz nusxa…

-nusxa bu…

-poyiga tiz cho’kib, etagini yalab…

-Uning ERK partiyasi pinjiga kirib…

-partiyaning pullarini o’g’irlagani..

-mashinasini sotib egani…

-uning bu tubanliklarini bilganimiz …

-esiz insonlik…

-Bu baxtiqora kimslar…

-bu bebaxt kimsalarning …

-fitna ustalari …

-la’nati grantlar!…

-pastkashlar!….

-Zolimning xizmatidagi shaytonbachchalar….

-fitna va tuhmat botqog’i….

-maxluqlarga…

SAVOL׃ Bular “Isyonkor”ning izohlar bo’limidan olingan emas, sizning “Nomus”ingizdan ba’zi parchalar, janob Muhammad Solih! Oldin MS hech ish qilmay izohlar bo’limiga boshqa nomlarda, birovlarning nomini qo’yib iflos gaplar yozib o’tiradi, deyishsa 60 yoshga kirgan bu odam u dunyosini o’ylaydi, bunday qilmasa kerak deb o’ylardim. Lekin yuqoridagi gaplar bugunga qadar yozilgan izohlarda ishlatib kelinglar benomus so’zlar-ku?! Shuning uchun maqolangizga “Benomus” deb sarlavha qo’ysangiz yaxshiroq bo’larmidi?”(Benomis. Muhammad Solihga to’qqiztda savol).

E, yashang Boburjon, “Siam” egizaklarining yana bir o’xshashligini bu safar men emas, siz kashf qildingiz.

11.MAShINA MOJAROSI

Bir kun Karimov chaqirib qoldi va׃

-Siz nega mashina olmayapsiz?-dedi.

-Mening mashinam bor,-dedim.

-Uni sotmoqchi ekansiz, yangisini oling…

-Rahmat, mashina haydash planim yo’q,-dedim.

Chunki mashina haydashni o’rganayotganda suvga tushib ketganmiz va karam uzayotgan kolxozchilar qutqarib qolishgan. Shundan keyin mashina haydashga qo’lim bormagan. Amerikaga kelib, majbur bo’ldim. Chunki bu erda mashina haydamasangiz hayot yo’q hisobi.

O’shnada Karimov gapirayotgan gap nima haqida ekanligidan xabarim bor edi. Qonun va qoidalarga ko’ra, Oliy kengash qo’mitalarida ishlaydiganlarga xizmat mashinasi berilishi kerak edi. Hukumat mashina etishmayapti deya buni bajarmadi. Turli muammolar kelib chiqavergach, Karimovning taklifi bilan ularga engil mashina sotib olish taklif qilingandi. Karimov bu ishni Bosh vazir Sh. Mirsaidovga yuklagan va keyinchalik uni deputatlarga mashina berib, ularni sotib olishda, deputatlarni esa mashina olib Mirsaidovni qo’llashda ayblagandi. Xayriyatki, o’shanda Karimovning gapiga kirmaganim, bo’lmasa o’z pulimga o’zim muttaham bo’lardim. O’sha o’z puliga mashina olganlarni Karimovning malaylari haliga qadar xalqqa xiyonat qilishgandi deb yozishadi. Karimov ana shunday usullarning ustasi farangi edi. Lekin uning “soyasi” bo’lgan Salay Madaminov ham undan qolishmaydi.

Mana bir necha oyki, Madaminovning malaylari meni Bokuda Erk partiyasining mashinasini sotib eganlikda ayblashadi. Buni Madaminovning o’zi ham yozdi. Xudodan qo’rqqanda edi u bunday tavqi la’natni bo’yniga olmasdi.

U buni faqat meni aybalash uchun qilayotganda bugunga qadar ming marta aytgan bo’lardi. Aks taqdirda 1993 yilgi voqea 2007 yilga kelib uning yodiga tusharmidi? Chunki men haqimda Madaminov oilasi 13 yildan beri ig’vo yozadi. Uning jiyani-ig’vogarlar piri, o’zini yozuvchi deb atagan, ammo chalasavodligi isbotini topgan Safar Bekjon nomidan 1995 yilda “bitilgan” bo’htondan boshqa gap aytolganlari emas. Buning bo’hton ekanligini har qancha isbotlasang ham ular yana shuni gapiradilar. Chunki boshqa gaplari yo’q.

Nega mashina masalasi birdan kun tartibiga tushib qoldi? Gap shundaki, bundan bir necha oy oldin Murod Jo’revning qamoqdan chiqishi mumkinligi haqida gap so’zlar aylana boshladi. Avvaliga madaminovchilar yana uni Erk partiyasi a’zosi deb “Ozodlik” radiosidan jar solishdi. Men bunga qarshi chiqdim va Murod Jo’raev hech qachon Erk partiyasi a’zo bo’lmagani haqidagi gapimni radio orqali berishni talab qildim.

Salay Madaminov Mamadali Mahmudovning qamoqdan chiqishini istamaganidek, Murod Jo’raevning chiqishini ham istamaydi. Chunki Murod Jo’raev uning 1994 yilda terroristik harakatning boshida turganini va men bu borada yozgan, Karimovga qo’l kelishi mumkin deya e’lon qilmay turganim- “Qabohat eshigi” kitobidagi faktlar to’g’riligini jahon jamoatchiligiga isbotlashi mumkin. Bugunga qadar Madaminov u aytgan gaplar tergov bosimi ostida aytilgan deb jon saqlab yuribdi.

Men ayblashdan maqsad esa, Bakudagi mashina masalasini bilaman va men u haqda yozsam, yana ko’p narsalar ochilib ketib, Murod Jo’raega qo’shimcha ayblar yuklanishi mumkin. Bundan Salay Madaminov uch narsani yutadi׃

1. Murod Jo’raevning qamoqdan chiqishi kechikadi.

2. Meni Murod Jo’raevni sotganlikda ayblash uchun qo’llarida dalil-bu mening maqolam bo’ladi.

3. Agar yozmasam, meni mashinani eb ketgan deb ayblab yuraverishlari uchun doimiy “fakt” bo’ladi.

Lekin men qisman bo’lsada yozmasam bo’lmaydi. Faqat Salay Madaminovga tegishli qismini yozaman va o’quvchi o’zi xulosa chiqaradi. Qolgan gaplar ham bir kun aytiladi.

Mashina partiyaning puliga olingandi. Lekin Salay Madaminov “davri” tugab, partiya boshiga qora kunlar kela boshlaganda u ana shu “Jiguli” rusumli mashinani sotdim deb haydovchi Husniddin degan yigitning onasining nomiga rasmiylashtirgandi.

Men Bakuda turganimda, Murod Jo’raev kelib qoldi va Salay Toshkentdan mashinani olib kelishni kimgadir topshirgani, ammo mashina Bakuga keltirilganda mirshablar ushlab, olib qo’yishganini aytdi.

Ilgari O’zbekiston bilan tijorat qilib, karimovchilar dastidan kuyib qolgan bir oila Erk partiyasi a’zolariga juda ko’p yordam qilgan. Boshpana, ovqat bergan, kiyim kechak bergan. Jumladan, menga ham. Murod bilan ana shu oilaga borib, bo’lgan voqeani aytdik. Uy sohibining ukasi tanish-bilishlari ko’p bo’lgan odam ekan va borib kimlargadir qanchadir pul berib, mashinani olib keldi. Mashina birovning nomiga rasmiylashmagani uchun haligi uyda turdi. Bu 1993 yil edi.

Men Turkiyaga kelib, Salay Madaminov bilan bir yil davomida gazeta chiqarganimda, u menga shu mashinani Turkiyaga olib kelishda haligi oiladan yordam so’rashni aytdi. Men׃ -Biz bu oila oldida qarzdormiz va hatto mashinani mirshablardan qaytib olishda ular bergan pulni ham qaytarganimiz,- yo’q dedim.

Bu oila va uning “erk”chilarga qilgan yaxshiliklari haqida eshitganda u anqayib qolardi. Lekin bir aylanib kelib, mashinani olib kelish yo’lini izlardi. Keyin unga o’zing gaplash dedim. U telefon qilib, xonadon egalari bilan gaplashib yurdi.

1994 yilda mening oilamni sud qilishdi. U yoqda sud borar ekan, to’rt bolamni Bakuga olib kelishdi. Bolalarim ham ana shu oilada turgan. Men borib ularni Turkiyaga olib kelmoqchi edim, Salay Madaminov qarshi bo’ldi. Shu bois unga aytmasdan jo’nab ketdim. Bakuda meni kutib olgan yaqin bir ozarbayjon do’stim menga׃

-Qachon istasangiz o’shanda qaytarasiz,- deya qarz bergandi. U bilan haliga qadar munosabatlarimiz bor va bergan qarzini shuncha yillik foyizi bilan o’tgan yili-2006 yilda uzdim. O’shanda qarzdan bir qismiga qo’y oldik va so’yib haligi oilaga olib bordik.

-Bu Salaying odam emas ekan, hech bo’lmasa ukam bu mashinani olish uchun bergan pulni qaytarsin, menga telefon qilib, rahmat o’rniga mashinani berib yuborgin deb do’q urmoqda,-deyishdi xafa bo’lib.

-Yana telefon qilganda pulingizni yana bir marta so’rang, bermasa mashinani qaytarmang, sizni “erk”chilarga qilgan yaxshiliklaringiz uchun bu mashina kamlik qiladi,-dedim.

Ha, ana shu gapni aytganman. Lekin Salayning o’rnida men bo’lganimda shu mashinani shu oilaga hadya qilib yuborgan bo’lardim. Chunki bu oilaga bitta emas, beshta mashina ham kam! Bir kun kelib Ozarbayjonda va O’zbekistonda rejim o’zgarsa, bu oila haqida, uning yordamlari haqida ko’p narsalar yozamiz hali. Chunki “erk”chilarga va “Erk”ka xayrixox bo’lganlarga boshpana bergan, ko’p qavatli uydagi xonalarini bepulga bo’shatib qo’ygan va o’z farzandlari, nevaralari qatori kelib-ketgan o’zbeklarning ham ovqatidan, kiyim kechagidan xabardor bo’lib turgan bu oila bekasi Elmira xola oldida men tiz cho’kaman! Yaqinda bildim, mashina o’sha oilada qolib ketibdi, shuning uchun bugun madaminovlar-bekjonovlarning alamidan tutun o’rlamoqda.

Erk partiyasidan hamma qochganda bu partiyaning xizmatini qilganlar va Bakuga borganda boshpana topgan erkchilar haqqi bu mashinadan so’z ochmang. Bunga sizning ma’naviy haqqingiz yo’q. U bizning ham mashinamiz edi. Butun O’zbekiston Karimovniki bo’lib qolganidek butun partiya ham Salay Madaminovniki emas! Karimov bo’ling-e, mashina onangizni mahriga tushganmidi!

Mashina o’sh oilada qolib ketgan ekan, halol bo’lsin!

Men Turkiyaga 45 dollar bilan kelganman. Lekin har joyda bo’lganidek, bugun ham halol mehnat orqasidan yashamoqdaman va farzandlarimni o’qitish bilan birga imkonim qadar odamlarga ham yordam qilmoqdaman.

Agar Salay Madaminov mashinaga zor qolgan bo’lsa, kelsin, mana men unga bitta mashina hadya qilaman, lekin qamoqdagi kishilarni va ularning, 1990 yillar boshidagi mehribon do’stiga aylangan bu oilani shubha va tahlika ostiga qo’ymasin! Insof!

Agar bu masalada yana aniqlik istaydiganlar bo’lsa, Salay Madaminovga chaqirig’im, texnologiya asrida yashayapmiz, qiziqqanlarni ulab Internet konferentsiyasi o’tkazaylik. O’sha oilaning telefoni menda ham bor, Salay Madaminovda ham bor. Ularni ham bog’laylik. Ochiq gaplashaylik! Xo’sh, Madaminovda haqiqat bilan yuzma-yuz bo’lishga yurak bormi?!

(DAVOMI BOR).

3 Responses

  1. […] 26.Siam egizaklari […]

  2. […] 26.Siam egizaklari […]

  3. […] 26.Siam egizaklari […]

Comments are closed.