Jahongir Mamatov: SAMARQANDNI SOG’INIB

jmsam.jpg DEVON

OTASH QALB UCHQUNLARI

(O’ng so’z)

Xaq so’z-istibdoddan kuchli.
Ayniqsa, shoirning, ijodkorning haq so’zi.
Bu yerda “ijodkorning haq so’zi” ifodasining ta’kidlanishi tasodifiy emas. Zero boshqa yurtlarda, boshqa zamonlarda bo’lgani kabi, O’zbekistonda bugungi kunlarda ham shoirlar, to’g’rirog’i, shoirlik da’vosini qilguvchilar, ijodkor yoki ijodkorlik da’vosini qilguvchilar ko’p. Ular bolshevizm davri ifodasi bilan aytadigan bo’lsak, ” so’z ustalari” dirlar.Shu xolos.
“So’s ustasi”- ijodkor yoki to’gri ma’nodagi shoir ma’nosini bermaydi.Ular so’zlarni chiroyli, o’rni-o’rniga qo’yib, tizabiladilar, ohangdorlik berabiladilar. Ammo barcha tizmalarida na haqiqat, na dard, na qalb o’rtanishlari, na iymon, na insoniyatga xos boshqa tuyg’ular o’z ifodasini topgan bo’ladi. Faqat so’zga ustaliklarini ishlatib haqiqatga, adolatga, xalq va Vatan manfaatlariga, g’ayriinsoniy kuchlarga, diktatura va dikatorga xizmat qiladilar. Shu yo’l bilan o’tkinchi dunyoda moddiy manfaat izlaydilar. Bu –bugungi kunda ko’rinib turgan haqiqat. Isbot talab qilmaydi yoki isbot istovchilar uchun bugungi o’zbek adabiyoti jarayoniga bir nazar tashlashning o’zi kifoya qiladi.
Ijodkorning, shoirning haq so’zi istibdoddan kuchli deganda, bunda “so’z ustalari”ni emas, haqiqiy ijodkor va haqiqiy shoirlarni nazarda tutib aytildi. Haqiqiy ijodkor va shoirlar hamma zamonlar va hamma yurtlarda ham ko’p bo’lmagan, ayniqsa O’zbekiston uchun eng og’ir sanalgan bugungi kunlarda-barmoq bilan sanagulik.
Istibdod kuchaygan barcha yurtlarda va barcha davrlarda iymonidan ayrilishni istamagan ijodkorlar, shoirlar tazyiqqa, ta’qibga uchraganlar. Nasimiy kabi terilari shilingan, Mashrab kabi dorga osilgan yoki quvg’in qilinganlar. So’nggi nafaslariga qadar haq so’zni aytishdan, istibdodga, adolatsizlikka qarshi qalb otashlarini o’q qilib otishdan, kurashishdan qaytmaganlar.
Ma’lumki, ruslar bolshevizim istibdodi sababli, avropaliklar fashizm- hitlerizm istibdodi sababli paydo bo’lgan o’z muhojirat adabiyotlari bilan g’ururlanadilar. Bu g’urur- o’rinli ekanini Ivan Bunin, Vladimir Nabokov, Marina Tsvetayeva, Merejkovskiy, Gippiuslar-20 asr rus adabiyotining o’zagi bo’lib qolganlari, Tomas Man, Bartold Brext, Nelli Saks, Paul Selan, Silviya Platt ijodlari faqat nemis adabiyotidagina emas, balki butun Avro’po adabiyotida asosiy yo’naltiruvchi kuch bolib kelayotganida ko’rish mumkin. Ular- bolshevizm va hitlerism istibdodiga qarshi turdilar, ijod erkinligini himoya qildilar, tazyiqqa, ta’qibga uchradilar, lekin istibdod ularning ovozlarini o’chirolmadi. Ko’rinib turibdiki, istibdod ijodkor va shoirlarni inson sifatida azoblashi, taszyiq va ta’qib ostiga olishi, quvg’inga solihsi, begona yurtlardan boshpana izlashga majbur qilishi mumkin, lekin ovozini so’ndirishga kuchi yetmaydi. Zero ijodkor va shoirning haq so’zi-har qanday istibdoddan, istibdod manbalari bo’lmish johil, davlat tepasiga tasodifan kelib qolgan o’tkinchi t “bosh”chilaridan kuchliroqdir.
Afsuski, o’zbek muhojirat adabiyoti haqida hozirga qadar ma’lumotimiz kam. Turkiyada, Amerikda yashagan vayashayotgan bir necha ijodkorlarni, shoirlarni, xususan, Turk dunyosining muhtaram donishi Boymirza Hayit ijodlari, hayotiy faoliyatlari bilan qisman tanishmiz, xolos. Albatta, bu o’zbek muhojirat adabiyoti ko’zga ko’rinarli bo’lmadi, degani emas. Ayb-o’zimizda. Ko’zlarimiz ojizlik qildi, bilolmadik, qalbimiz ojizlik qildi, his qilolmadik. Buning ustiga ustak-O’zbekistonda istibdod yanada avjiga chiqdi. Borni yo’q dek qildi… Ko’zlarimiz ojizligini oshirdi. Ijodkorlar, shoirlar ovozini yanada kuchliroq johillik bilan bo’g’ishga, o’chirishga urinish boshlandi. Lekin bu borada istibdod yana adashdi, mag’lubiyatga uchradi, adolattalab, haqtalab shoirlar ovozini so’ndirolmadi, bo’g’olmadi. Bu ovoz – bo’g’ishga uringanlari sari kuchliroq yangray boshladi. Muhojirat adabiyotining ya’ni, kuchli, ohangdor oqimlari paydo bo’ldi.
Yuqirorida rus va avro’pa muhojirat adabiyoti namoyondalarining bir qismini eslab o’tdik. Hoizrgi kunda ular o’z yurtlari g’ururiga aylanib qolganlari esalatildi, ularning har bir bir o’z o’rinlariga, o’z yo’llariga ega.O’zbek shoiri, yozuvchisi Jahongir Muhammadning ham anshunday o’z o’rni bor.
Shu yergacha ijodkor va shoir atamasini alohida-alohida ishlatdik. Gap Jahongir Muhammadga kelganda har ikki atama bir butunlik kasb etadi, mujassamlanadi.
Zero u shoir, u–ijodkor, yozuvchi, munaqqid, jurnalist, siyosatchi…
Sermahsulligi, mehnatkashligi bir bora, har bir so’zni teran his qilishi, yonib aytishi, hazin-hazin, dardli ovozi bir bora… ayniqsa samimiyati bilan kuchli.
“Shahidlar mozori” asari o’zbek adabiyotida janr sifatida ham, mazmun va badiiyati bilan ham yangi bir sado sifatida paydo bo’ldgan edi. Ketma-ket yuzaga kelgan romanlari esa navbatdagi ko’tarilish pog’onalari bo’ldi.
Xalq saylagan deputat, haqparvar siyosatchi, xalqparvar ijodkor, samimiy adolattalab, kurashchan ovoz…
Jahongir Muhammadning ko’p she’rlari radio to’lqinlari hamda qisman “Harakat” jurnali sahifalari orqali ko’pchilik she’r muxlislariga yetib bordi, sevib o’qildi, yod olindi. O’zbeklar she’rxon xalq emasmi, qo’lba –qo’l bo’ldi.
Uning so’nggi paytlarda yozgan eng nafis, dardli sh’erlarini bir jildga yig’ib, kitob qilishi-yangi bir quvonchli voqea.
Kitobga “Samarqandni sog’inib…” nomini beribdi.
Samarqand-Vatan. O’zbeklar uchun qadimiy Vatan ramzi.
Shoir qalbi esa Vatan, Vatan ramzi, ona yurt dardi, jafokash ona xalq dardi bilan bog’liq. Shu dard bilan yonadi, o’rtanadi, unga adolat istaydi va adolat uchun kurashga chorlaydi.
O’zbegim, deb yig’ladim,
Senga topinar ekan.
O’zbegim, deb yig’ladim,
Boshim chopilar ekan.
O’zligim deb hayqirdim,
Dovul, bo’ron essa ham.
O’zligim deb hayqirdim,
Qilich boshni kessa ham.
Yig’i va hayqiriq. Sirtdan qaraganda bir-biriga ziddek ko’rinadigan tushunchalar. Lekin shoir ifodasida ko’zida iztirob yoshlari bilan kurashga otlangan inson timsolining kuchli hayqirig’i mujasamlanadi. Jonli ramz.
” Boshim chopilar ekan” satrini ham shoir hayot yo’li bilan tanish bo’lmaganlar “shoirona mubolag’a” deya qabil qilishlari mumkin. Lekin taniganlar bu satrlar mubolag’a emas, bir necha bor ro’y bergan haqiqat ekanini, yurtimizdagi istibdod kuchlari ko’p bora uning boshida qilich o’ynatganlarini, shunda ham uning mag’rur boshini egishga, o’tli ovozini bo’g’ishga erisha olmaganlarini biladilar.
Shorning umri shunday:
Sog’inch sarg’ayib xazon to’kadi,
Sog’inch-umrginam,
Xazon-kunlarim.
Og’och bukchayib soya to’shaydi,
Og’och-vujudginam,
Soya-tunlarim.
Badiiy o’xshatmalar orqali chizilgan hayot manzarasi. Bukchaygan og’och vujud- o’zbek vujudi, istibdod zulmi sabab Vatandan yiroq, sog’inch to’la umr….
U:
Osmon-onaginam,
Osmon-Vatanim!
der ekan, har so’z ohangida anashu umid kurtaklarining shiviri qalbimizga quyilib kelaveradi.
Shoirning qator she’rlarida ona yurtining o’tmishi va bugungi fojiali ahvolining manzarasi uyg’unlashtirilgan va shu orqali falsafiy yechim topgan.
Qayda bugun Turkistonni allalagan nasmlar,
Amu daryo mavjlarida qotib qolgan rasmlar…
yoki:
Bu ne millat Turoni bir,
Turkistoni to’rttadir…
misralarida yurt boshiga tushayotgan halokatli voqelar zamiriga razm solingan bo’lsa:
Aybi aniq do’stini ham dushmanini tanimas,
O’ziga bek, o’ziga xon, yeru-yakson – bittadir…
deya bu baxtsizlikning ildizlarini bilishga va bildirishga jazm qiladi.
Kitobda ko’plab lirik kechinmali she’rlar ham o’rin olganki, bu umuiy sh’eriy manzara ta’sirchanligini yanada oshiradi, o’quvchini, kitobxonni shoir bilan barobar yondiradi.
Zero Jahongir Muhammad-otashqalb shoir.
Yonib yondiradi, kuyib kuydiradi.
“Samarqandni sog’inib”dagi she’rlar esa uning otash qalbidan sachragan uchqunlardir.
YODGOR OBID.

2001 yil.

O’ZLIGIM

O’zbegim, deb yig’ladim,
Senga topinar ekan.
O’zbegim, deb yig’ladim,
Boshim chopilar ekan.

O’zligim deb hayqirdim,
Dovul, bo’ron essa ham.
O’zligim deb hayqirdim,
Qilich boshni kessa ham.

Oregon, 1998 yil.

O’ZBEK

U O’zbekdir,
O’z yurtida Vatansiz u,Vatanidan ayrilgan,
Uchay desa ufqlarga, qanotlari qayrigan.

U O’zbekdir
Mansabdorni kurganida qaltiraydi tizzasi,
Kuchi yetar qardoshiga, hamsoyaga izzasi.

U O’zbekdir
Jahli chiqsa tog’ni talqon qilar haybat azmi bor,
Millatdoshi qon yutsa ham elu yurtga bazmi bor.

U O’zbekdir
Dono asl- nasihatu maslahatning ustozi,
Ammo uni kerak bolsa boshqaradi bir tozi.

U O’zbekdir
Oti faqat o’ziga bek mag’rurlikning murodi,
Aslida u tahqirlangan elning bo’g’iq faryodi.

Vashington, 1999 yil.

TARKI VATAN

Tarki Vatan-san’atmas,
Yillar umringni yutar.
Tarki Vatan -jannatmas,
Do’zax qarshingda turar.

Tarki Vatan -zulmdir,
Tomiringdan qon oqar,.
Tarki Vatan -o’limdir,
Tobutinda jon yoqar!

Oregon, 1998 yil.

OSMON VATANIM

Sog’inch sarg’ayib xazon to’kadi,-
Sog’inch umrginam,
Xazon-kunlarim.
Og’och bukchayib soya to’shaydi,-
Og’och -vujudginam,-
Soya – tunlarim.

Chaqmoq buralab o’bdon so’kadi,-
Chaqmoq-otaginam,
Olovdir tanim.
Osmon o’ksigancha ko’z yosh to’kadi,
Osmon onaginam,
Osmon-Vatanim!

Istanbul, 1994 yil.

QIZG’ALDOQZOR

Qizg’aldoqzor-
Yulduzlarim so’nmagan dala.
Qizg’aldoqzor-
Ohlarimdan yog’ilgan jala.

Qizg’aldoqzor-
Osmonimdan yiqilgan shafaq.
Qizg’aldoqzor-
Nigohlarim to’kilgan varaq.

Qizg’aldoqzor-
Lablarimni yondirgan yonoq.
Qizg’aldoqzor-
Boynimdagi aylana so’roq.

Qizg’aldoqzor-
Hislarimni titratgan firoq.
Qizg’aldoqzor-
Tunlarimda o’chmagan chiroq.

Qizg’aldoqzor-
Ko’zlarimning tubida halak.
Qizg’aldoqzor-
Yurak qonim sacragan falak.

Baku,1993 yil.

TUSHLARIMDA

Tushlarimda uchib ketaman,
Nurning etagiga osilib.
Soyamni quvalab yetaman,
Oyoqlar ostida bosilib.

Tushlarimda uchib kelaman,
Sochlaringni tarab qo’ygali.
Kiprik kabi shahid bo’laman,
Jannat ko’zga qarab to’ygali.

Tushlarimda tush ko’rsam agar,
Sahar chog’i o’lib qolaman.
So’ng o’zimni tobutdan arang,
Tongga o’rab tortib olaman.

Tushlarimda ot suraman, ot,
Zulfiqorni tutib qo’limda.
Uyqu bosgan dunyoni hayhot,
Tush ko’raman hatto o’ngimda.

Istanbul, 1994 yil.

XIYONATNING YARASI

Yomg’ir yog’ar g’o’r maysani o’ynatib,
Ko’kda chaqmoq qo’shiq avjini aytar,
Qirg’oqlarning qo’sh labini qonatib,
Sel keladi poyqadami xavf, xatar,
Sel yuvsa-da o’nar maysa sarasi,
Faqat…
Faqat, bitmas xiyonatning yarasi.

O’rmon kengish yaxshisi bor, yomoni,
Sher izmini berib ketdi tulkiga.
Dunyo ayqash qayda rosti, yolg’oni,
Hayvongohda sulton sabab kulkiga,
Sher qaytsa gar qaytar o’tli na’rasi,
Faqat…
Faqat, bitmas xiyonatning yarasi.

Yurtda shodlik Navro’zoyning to’yidir,
Yel kelinchak sochlarini o’radi,
Bir yigit bor yigit boshi quyidir,
Yuragiga sevgi sanchig’ uradi.
Vaqt qilich, olamlarning arrasi,
Faqat…
Faqat, bitmas xiyonatning yarasi.

Do’st sanoqiz, dardkashini izlarman,
Ishonganim ishontirib sotadi,
Vatan dardin sarhadida bo’zlarman,
Yog’iy emas, do’stim poylab otadi.
O’q yulsa gar yodgorlikka qarasi,
Faqat…
Faqat, bitmas xiyonatning yarasi.

Baku, 1993 yil.

NOMOZ BOTIR ga

Ona o’lsa beparvodir odamlar,
Ota o’lsa beparvodir odamlar,
Bola o’lsa beparvodir odamlar,
Ajal halqasida yurtim-nodirm,
Qayerdasan, Nomozginam, botirim?!

Zarafshonning bag’ri qora mayxundir,
Orolidan ayro tushgan Jayxundir,
Qoraqumda sarson-sarob Sayxundir,
Ichgan suvim zahar- zaqqum, qotilim,
Qayerdasan, Nomozginam, botirim?!

O’g’lonlarim oti boru ori yo’q,
Karvonlarim yuki boru nori yo’q,
Hofizlarim kuyi boru tori yo’q,
Zulfiqorim dami o’tmas-qodirim,
Qayerdasan, Nomozginam, botirim?!

Bo’zqurt uvlar Bobotog’ning go’rida,
Shanim kuydi Turkistoning zorida,
Boshim hamon Oq poshshoning dorida,
Olov ichra yonar Vatan chodirim,
Qayerdasan, Nomozginam, botirim?!

Toshkent, 1993 yil.

MANIM VATANIM

Bir g’amim bor ming odamga og’irdir,
Ming odam bor bitta g’amga bog’irdir,
Bir Vatan bor yelkalari yag’irdir,
Bir Vatan bor vatanida sag’irdir,
Bu manim g’amim.

Bir azob bor sadoqatda yagona,
Bu azobdan minglar qochar har yona,
Bir Vatan bor azob chekar mardona,
Bir Vatan bor Vatanida begona-
Mening azobim.

Bir savol bor yurak hattida yotar,
Bu savoldan minglar xayolga botar,
Bir Vatan bor savol bo’ynidan tutar,
Bir Vatan bor Vatanida qon yutar-
Manim savolim.

Bir Vatan bor abadiyatga meros,
Vujudida zulm mulkiga qasos.
Bir Vatan bor nolasiga quloq os,
Bir Vatan bor Vatanida qayg’u, yos,
Manim Vatanim.

Istnabul, 1994 yil.

YOLG’IZLIK

Peshonamda tole daftari,
Varaqlayman, ko’zim ko’rmaydi.
Uchib ketgan orzu kaftari,
Nigohimni dorga o’raydi.

Sayroqi qush dilnavosida,
Yuragimning sasi ilingan.
Subhi kozib tong navosida,
Qorachig’im bag’ri tilingan.

Xayolimnig muattar gulin,
Kapalaklar chetlab o’tadi.
Umr degan bir qarich yo’lim,
G’am g’ussalar yamlab yutadi.

Yashiradi dunyo raftorin,
Yolg’izlikni kelaman boshlab.
Peshonamning ajin daftarin,
Tole shunda ketadi tashlab.

Baku, 1993 yil.

VATAN MANSIZ, MAN VATANSIZ

Sarob suv nigohida mung jovdirar,
Ko’zlari yolg’nga to’lgan boladay.
Sog’inch tashnasini ko’z yosh qondirar,
Labim tilim-tilim, taroq loladay,
Sahroda sargardon kezaman sansiz,
Vatan mansiz, man Vatansiz.

Maysa yaprog’ida shabnam yasarig’,
Berahim ofutob xanjar sanchadi.
Erkimni istadim chumoli yanglig’,
Yolg’izlik oyog’i ko’ksim yanchadi.
Ruhim ozod faqat-vujudsiz, tansiz,
Vatan mansiz, man Vatansiz.

Qayrag’och joniga tortilsa arra,
Qay taraf shoxlari, qay taraf kunda.
Xirmon chosh, donman bir orzukash zarra,
Tegirmon toshi yo’q bu dahri dunda.
Xayol gujum asli, asli tikansiz,
Vatan mansiz, man Vatansiz.

Yurtim ko’hna qal’a boyo’g’lisi shoh,
Haromxo’r quzg’unning omadi olchin.
O’zbekning o’zligi bo’g’zimdagi oh,
Elfurush qahramon, Eryigit “sotqin!”.
Tokay begonaman, darbadar, shansiz,
Vatan mansiz, man Vatansiz.

Azob bosh ko’tardi margidir ayroq,
Bu dunyo banavbat, ayriliq navbat.
Yurak pardasidan ko’tarib bayroq,
Ozod Turkistonga kelaman albat.
Yo’ldan qaytsam magar, ko’ming kafansiz,
Vatan mansiz, man Vatansiz.

Baku, 1993 yil.

QALBIM…

Qalbim- dara
Guvillagan sado kelar bir yondan,
Qalbim-yara
Og’rinadi zardoblaru giryondan.

Qalbim-ozod
Atrofimda panjaralar-bandiman.
Qalbim-faryod
Ovozini yutgan elning dardiman.

Qalbim-qilich
Zanglab yotar Amir Temur qinida.
Qalbim notinch-
Qanotlari qayrilgan qush-inida.

Qalbim ummon
Oqib yotar Shahriyorning she’rlari,
Qalbim o’rmon
Kezar erkning momotaloq sherlari.

Qalbim bu Man-
Shoh hukmila otilgan-otilmagan.
Qalbim Vatan-
Qayta-qayta sotilgan…
Sotilmagan!

Baku, 1993 yil.

O’ZBEKISTONDA

Tasodif mash’ali- yuksaldi bayroq,
Hiloli Vizantdan, yulduzlari sir.
Talab talvasasi-madhiya sayroq,
Olomon mulkida zanjirsiz asir.
Mustaqil bayroq yo’q “mustaqil” xonda,
O’zbekistonda.

Kimlar nutq yozdilar, kim o’qib berdi,
So’zning zulfi zari moslandi unga.
Ovozlar o’chdiyu sukut gul terdi,
Jimjitlik xos erur axir bu tunga.
Qo’rquv-shayton la’yn hukmron jonda,
O’zbekistonda.

Qulning tegirmoni suvsiz aylandi,
Aqli o’roqlarning boshi o’roqda.
Saylovda sher emas, tulki saylandi,
Vatan sevganlarning umri so’roqda.
Ahvoling anglamas birov bu onda,
O’zbekistonda.

Uyda darding aytsang, devor yozadi,
Bir tomchi to’kilsa qog’oz bo’yalar.
Zindonda er yigit yonib, to’zadi,
Do’stinga sim qoqsang bo’hton jo’yalar.
Hatto ayg’oqchi bor gung telefonda,
O’zbekistonda.

Yurtboshi millati illat aslida,
Millat zakovati qorniga ko’chgan.
Dunyo fotihlari o’tgan naslida,
Bugun xotiradan hammasi o’chgan.
Hayot-non, quvonch-non, ozodlik nonda,
O’zbekistonda.

Toshkent,1992 yil.

BO’YNIMGA OSILGAN SOG’INCH

Qishlog’imning tuproq ko’chasin
Tashlab
Ketdim-asfalt yo’llarga.
Yuragimning titroq go’shasin,
Boshlab,
Ketdim-sarob cho’llarga.

Onam tandir yonida o’zin
Yoqar
Orzulardan uzoqda.
Otam qabr toshidan mahzun
Boqar
Nigohlari tuzoqda.

Yugurardim tog’u qirlardan
Oshib
Bulutlar oyog’im ostida.
Bugun ko’zim yiroq nurlardan
Toshib
Tomchilar oqadi yostiqdan.

Dum-daroz, zim-ziyo tunlar,
Saharda
Uyg’onib ketaman notinch
Qishloqda kechgan u kunlar
Shaharda
Bo’ynimga osilgan sog’inch.

Istanbul, 1996 yil.

YODGOR OBIDga

Zarafshon, seni sevdimu
Qoraqumda qum bo’lmadim.
Jayxunim umid dedimu
Orol yanglig’ gum bo’lmadim.

Sayxin ortidan quvdimu,
Sohilda tosh mung bo’lmadim,
Sarob suvda yuz yuvdimu
Xalqim kabi gung bo’lmadim.

Istanbul, 1997 yil.

ZINDONA SOLDING-A…

Shoh Alibek so’rmas kimning o’g’liman,
Yonda yorim, amirmanmi, o’g’riman.
Allohuma ansur vojib to’g’riman,
Zindona solding-a Amir Temurni.

Turkon xotin sochlari taroq izlar,
Qurt-qumursqa girdida kaniz qizlar.
Zax jalojin vujudini bigizlar,
Zindona solding-a Amir Temurni.

Ellik kun-ki, ellik yilning imdodi,
Unsiz zulmat yorug’ kunning faryodi,
Yuragimda Turon zaminning dodi,
Zindona solding-a Amir Temurni.

Ko’kdagi oy qilich bo’lgin qo’lima,
Hazrati No’h qalqonimsan o’lima,
Turk Yasafning yo’lini ber yo’lima,
Zindona solding-a Amir Temurni.

Alloh, sinab ko’rding yetar, bas endi,
Nohaqlikka umrim mani qasd endi,
Mushkulimni ayla o’zing pasd endi,
Zindona solding-a Amir Temurni.

Qutb jonin o’g’irlagan Shahlondir,
Sig’inganim shayton emas, Rahmondir,
Musibatga nechun qalbim taxmondir,
Zindona solding-a Amir Temurni.

Eh, Alibek zindoningni buzarman,
Ikromiyat bilmas boshing uzarman,
Bil, baribir Turon yurtni tuzarman,
Zindona solding-a Amir Temurni?!

Ashgabat, 1993 yil.

…SANI DO’STALR SOTDILAR

Qirq sakkiz kun chor devor sirdosh sana,
Qirq sakkiz kun vassalar go’r tosh sana,
Qirq sakkiz kun gul sharob ko’z yosh sana,
Amir Temur, sani do’stlar sotdilar.

Sabr tariq andin suluk aylading,
Husaynni qavmim deding, raylading,
Duch kelganga quchoq ochib, naylading,
Amir Temur, sani do’stlar sotdilar.

“O’ldiring!” deb yorliq bitildi uch bor,
Azroil ham aylanadi xush raftor,
“Bek yo’g’inda siz bek!” deganlar afgor,
Amir Temur, sani do’stlar sotdilar.

Osmon kamon taqdir yoydir faslida,
Parvardigor kamonchidir aslida,
Xoinlik bor odamzotning naslida,
Amir Temur, sani do’stlar sotdilar.

Yostiq-kunda, boshing xatarda bugun,
Uyqu-jallod kelar yotarda bugun,
Taxt jilovi do’stin sotarda bugun,
Amir Temur, sani do’stlar sotdilar.

Ashgabat, 1993 yil.

JAHONGASHTALIK NE?

Mashriqdan Mag’ribga qismat quvladi,
Tog’larda yiqilib qoldi Quyoshim.
Yo’limda bo’zqurtlar horib, uvladi,
Aylana irmoqdek oqdi ko’z yoshim.
Dunyoni arqonga tortgil, o’ragil,
Jahongashtalik ne, mendan so’ragil!

Qabargan oyog’im tshni parchalar,
sahrodan qutulsam, boshlanar o’rmon.
Umid yaprog’ini yuvar archalar,
Qarshimda ajdaho, qarshimda ummon.
Dunyoni arqonga tortgil, o’ragil,
Jahongashtalik ne, mendan so’ragil!

Yurigan daryomish, yurmagan armon,
Dengizga aylandim sarson yurmoqdan.
Na huzur halovat, na rohat darmon,
Saharni bezgirdim sahar turmoqdan.
Dunyoni arqonga tortgil, o’ragil,
Jahongashtalik ne, mendan so’ragil!

Qushlar uchib yetolmagan Chambilel,
Qo’hiqofning poygohida qo’l siltar,
Yelkasiga mindirgancha dul-dul, dev.
Bilmam meni yana qaylarga eltar.
Dunyoni arqonga tortgil, o’ragil,
Jahongashtalik ne, mendan so’ragil!

Oregon, 1998 yil.

YOMON

Nega kulolmaysan, suyukli yurtim,
Koksingni vulqonlar yoqarmi
Hamon?
Nega qadding egik Alpomish bo’rkim,
Yelkangni aldovlar bosarmi,
Yomon?

Yomon, yolg’onlarga aylansa yaproq,
Yomon
Adolatga hec qonolmasang.
Yuragingda zilzila, titroq,
Yomon
Mudrayversang, uyg’onolmasang!

YURTIM

Sen axir, asrlar jangohlarida,
Otashu olimga, balogardonsan.
Sen axir tarixning sangohlarida,
Hayotga yol olgan ulug’ karvonsan.
Qirg’oqlar yemrilib suvi toshgunca,
Kozlaringni och, yurtim,
Millatning bardoshi toshni oshgunca,
Nafratingdan qoch yurtim.

Vashinton, 1999 yil.

MENING XAYOLIM SENDA

Chuchmomo dardini aytadi
Onamga,
Oymomo dovdirab qaytadi
Xonamga,
Mening xayolim senda.

Oyog’im ostida yig’laydi
Munis qor,
Qoyalar ustida uvlaydi
Bo’zqurt zor,
Mening xayolim senda.

Devorning qo’llari bo’ynimda
Voh, ilon,
Go’zalim uxlaydi
Qo’ynimda,
Xo’p nolon,
Mening xayolim senda.

Umrimiz zanjirband tuzoqda
Xor zotan,
Sen esa ko’kdan-da uzoqda
Yor, Vatan,
Mening xayolim senda.

Virginia, 1998 yil.

OG’OCH U…

Vatan…
Bayrog’ini bayroq qilgan
Qirmizi qondir.
Tuprog’ini Vatan qilgan
Berilgan jondir.
Jon berguvchi topilmasa
Vatan Vatan emasdur.
Tuproq uchun jon bermsa,
Og’och u-
U, tan emasdur!

Istanbul, 1995 yil.

VATAN, VATAN, VATAN!

Yo’l ayriliq umid visoli,
Cho’l sarobning ko’zi- jiloli,
El Xurshiddir, uning Hiloli-
Vatan, Vatan, Vatan!

To’lqin kelib urilgan qirg’oq,
Shamol sevib topingan yaproq,
Kindik qonim to’kilgan tuproq,
Vatan, Vatan, Vatan!

Suv soylanib oqar makoni,
Ot aylanib topar arqoni,
Dil boylanib qolar arkoni,
Vatan, Vatan, Vatan!

Istanbul, 1995 yil.

O’ZBEKNING QOZONI

Ermitajda ko’zlarimni bo’lagan,
O’z bilmagan o’zlarimni bog’lagan,
Amriqoda so’zlarimni bog’lagan,
O’zbekning qozoni.

Oq moyi ne zig’irni ham dog’lagan,
Muhojir shoh Boburni ham dog’lagan,
Yurt tanimas zohirni ham dog’lagan,
O’zbekning qozoni.

Asrlardir oshi to’la qaynagan,
Qo’y so’yilsa, boshi to’la qaynagan,
Nochor kunda toshi to’la qaynagan.
O’zbekning qozoni.

Mashriqda-mi, Mag’ribda ham qaynasin,
To’y-ma’raka, sharifda ham qaynasin,
Noni yarim, g’aribda ham qaynasin,
O’zbekning qozoni.

Virjinia, 1998 yil.

G’URBATDA…

Armonlari tog’ edi,
Tog’lar lab tishlab qoldi.
Chekkanlari dog’ edi,
Dog’lar kuz, qishlab qoldi.

Bir hovuch nam tuproqqa.
Yetolmadi ko’zlari.
Ayrilig’u titroqqa,
Qorishdi o’t so’zlari.

Olisda unut ular,
Vatanda yo’q yerlari.
Yurtning o’zligi qular,
G’urbatda gar gar erlari.

Vashington, 2000 yil.

VASIYAT

Bir paytlarning mujohidi-bugun Istanbuldagi o’zbeklar takkasida mangu uyqusini olayotgan Usmonxo’janing og’liga vasiyati:

Men Vatanni olib ketdim,
Yuragimga solib ketdim,
Olislarda qolib ketdim,
Sen qolma bolam!

Gu’rbat elda g’arib kezdim,
Goho sokin, goho tezdim,
Sog’inch jangohidan bezdim,
Sen tolma bolam!

Istanbul dilga dur oro,
Tabriz ham xoli nigoro,
Ustun Samarqand, Buxoro,
Sen bo’lma, bolam!

Ol ruhimdin faryodimni,
Da’vodagi zuryodimni,
Turkistonga yoy dodimni,
Sen so’lma, bolam!

Dunyo malak, chakkasida,
Turon zaman Makkasida,
Bevatanlar takkasida,
Sen o’lma bolam!

Istanbul, 1995 yil.

SAMARQANDNI SOG’INIB

Zulfi kokil Zarafshon,
Yuzalringni silaydi.
Boshin eggan minorlar
Eldan duo tilaydi.

Koshindor zar ko’zlaring,
Sevgimdan charaqlaydi,
Qubbalari Quyoshni
Yondirib yaraqlaydi.

Jilmayar Registonim,
Sherdorga boqqanicha,
Ulug’bek soqchi go’yo,
Qo’lda sha’m yoqqanicha.

Hayroni rasadxona
Ko’kka narvonin qo’ydi,
Erk degan sultonini
Qurbon qilib el so’ydi.

Ayriliq xanjaridan
Qalbi pora-poraman,
Tillakori qoshiga
Bo’zlab-boz’lab boraman.

Dardlarimga sherikdir
Hurliqo Bibixonim,
Siyob dasturxonida
Qirmizi sharob qonim.

Bog’i maydon tarafdan
Qirq qizning sasi kelar,
Afrosiyob yildirim,
Turon zaminda yelar.

Obi Rahmat, Qorasuv
Tun ko’ksidagu kunduz,
Darg’om sohillarida
Chayla quradi yulduz.

Cho’pon ota tayogin,
Tashlamaydi qo’lidan,
Turkistonning karvoni
Qaytmasin deb yo’lidan.

Bog’ishamoldan kechar,
Xayol otli tulporim,
Pulimurg’obda yotar
Chang bosgancha dutorim.

Shohizinda zinalarin,
Sanayverib adashdim,
Ruhobod ruhlarini,
Sinayverib adashdim.

Bog’i Eram, Bog’i chinor
Bog’i dilkusho qayda?
Bog’i bihisht, Bog’i ravon
Bog’i mulkisho qayda?

Savollarim sargardon
Devori ko’ndalangda.
Kavarzordan o’taman
O’tgan kabi Salangdan.

Obi sujda yuvilgan
Qilich Ishratxonada,
Sangrason g’orlarining
Sitami tul onada.

Oshiqonda so’filar
Dari zanjirga intiq,
Poyqoboq darvozabon
Ko’ksimga tirar miltiq.

Korizonga bosh urdim
Miyonqul faryodidan,
Ko’hakg’or nurab ketdi.
Chahordaho’m dodidan.

Madrasai safedda,
Oppoq ro’molli qizlar,
Nodir devonbegida
Qalandaru qunduzlar.
Rabotxo’ja sajdada,
Nurotadan nur emar,
Davlatobod davlati
Jo’shga bog’langan kamar.

Namozgoh peshtoqida,
Ohalikni oh, yoqar,
Qora daryo xun bo’ldi,
Motrid Dahbedga oqar.

Konigilda to’y ekan
Jomboy jomini otdi.
Jahongiri ketganda
G’amu g’ussaga botdi.

Qo’chqor ariq, tor ariq,
Qumtepaga yor ariq,
Sochakdan kelin keldi
Diydoriga zor ariq.

Bog’izag’on bog’lari
Urgutni asir olgan,
Bobojizzax tog’lari
G’o’bdindan ayri qolgan.

Panjob panjasin urdi
Ko’shki jahonaroga,
Amir maqbarasida
Saboq berdi Doroga.

Eski ravotlar unut
Yangiravot yangidir,
Yillar silohli askar
Besamar boz jangidir.

Yo’qotaman davomin
Tong otarkan hushimda,
Visolingga ne darig’,
Qovushaman tushimda.

1995 yil, Istanbul.

BOYMIRZA HAYIT…

Atrofingda do’st-dushman yeb qo’ygudek boqqanda,
Xiyonatning xanjari yuragingni yoqqanda,
Oyning ham qilichidan qirmizi qon oqqanda,
Bosh uchingda yig’lagan Boymirza Hayit, axir,
Uni Vatandan quvding, sho’ring qursin, ey, g’ofil!

Ikki dunyo bir bo’lib, o’zliging yo’qolganda,
Sevgan jigarlaringni yoboniy o’q olganda,
Vujudung cho’kkan mahal, botmagan qo’l qolganda,
Seni ingrab uyg’otgan Boymirza Hayit, axir,
Uni Vatandan quvding, sho’ring qursin, ey, g’ofil!

Turon ko’ksida yo, Rabb, kecha kunduz jang ekan,
Turkistonning tarixi oyboltada zang ekan,
O’zbekiston ahvoling nochor, majruh, tang ekan,
Senga istiqolol, degan Boymirza Hayit, axir,
Uni Vatandan quvding, sho’ring qursin, ey, g’ofil!

Antaliya,1993 yil.

MEN SAMARQAND

Men Samarqand- Turon elda tek emas, shoshim manim,
Men Samarqand- Zarafshonda suv emas, yoshim manim,
Men Samarqand- kamalakda yoy emas, qoshim manim,
Men Samarqand- ko’k yuzida oy emas, boshim manim.

Vashington, 1999 yil.

VATAN HASRATINI…

Chuchmoma chechagim qor ostida,
Bahorni sog’inib muzlab yotibdi.
Mashrabi qo’shig’im dor ostida,
Xaloskor qalamni ko’zlab yotibdi.

Mudroq buloqlarim tosh ostida,
Shaklimni sog’inib yuzlab yotibdi.
Bir juft jajji bola qosh ostida,
Saharga sig’inib bo’zlab yotibdi.

Qaqragan lablarim tuz ostida,
Qisir bulutlarni sizlab yotibdi.
Og’ochraf vujudim o’z ostida,
Bir parcha soyani izlab yotibdi.

Kulala shaytonim til ostida,
Rohat-farog’atdan so’zlab yotibdi.
Umid jahongirim dil ostida,
Vatan hasratini tuzlab yotibdi.

Istanbul, 1993 yil.

QAYDASAN EY, OR!

Boshim devorga ursam,
Devor yig’ladi zor-zor.
Ko’zimda dard yashirsam,
Kiprik simlari tor-tor.

Og’och shoxini tutsam,
Xazon to’kildi sor-sor.
Quyoshdan otash kutsam,
Sochdi boshima qor-qor.

Zaminga quloq bossam,
Karvonida g’am nor-nor.
Osmonga chirog’ ossam,
Ikki qolim dor-dor.

Dunyo kengish sardoba,
Oxir mozori tor-tor.
Yurak botdi zardoba,
Shayton boshladi yor-yor.

Hayqirig’im bo’g’zimda,
Umrim kechar xor-xor.
Hali jonim o’zimda,
Qaydasan ey, or-or!

Baku, 1993 yil.

MUQANNA QO’SHIG’I

Ayro tushdim Vatandin,
Vatan suyganim uchun.
Ayro tushdim ruh, tandin,
O’tda kuyganim uchun,
Vatan suyganim uchun!

Kofir, deb jar soldilar,
Sevsam-da Allohimni.
Kofir, deb jon oldilar,
Tinglamasdan ohimni,
Sevsam-da Allohimni!

Olov bo’ldi Vatanim,
Yo’llarim ayrilgan kun.
Olov bo’ldi kafanim,
Umidim qayrilgan kun,
Yo’llarim ayrilgan kun!

Men kelaman uyingga,
Gulxaning yonib tursa.
Men kelaman to’yinga,
Vatan Vataning bo’lsa,
Gulxaning yonib tursa,
Vatan Vatanim bo’lsa…

Baku, 1993 yil.

MUROD JO’RAga

Sahar quchog’ida yo’qolgan tushning,
Izlarin izlaydi mubtalo xayol.
Jahl bulog’ida suv ichgan qushning,
Patlarin yuladi sargardon shamol,
Izlarin izlaydi mubtalo xayol.

Jahlini sochadi Quyosh nayzada,
Soyaning obro’yi oshar bemalol.
Odamlar oftobdan dilxun, dilzada,
Sharshara poyida to’kadi jamol,
Soyaning obro’yi oshar bemalol.

Fozil kishilarning jahli qafasda,
Ko’krak maydonida ko’karar kamol.
Bir do’stim jahlini ilib nafasga,
Hatto Tangri uzra tortadi savol,
Ko’krak maydonida ko’karar zavol.

Ashgabat, 1993 yil.

YETTI MASHHAR…

Yetti mashhar bir bo’lib
BIRLIK istaganim kun.
Bo’ynimga ilon kabi
O’ralding sen- Tarqoqlik.
Arosatda bo’g’ilib
ERKni qo’msaganim kun,
Yelkamda shayton -la’yn
Turarding sen -Qo’rqoqlik.
Boshim urilib toshga
ADOLAT izlagan kun,
Qilichini charxlagan
Yo do’st edi, yo g’ofil.
Xoin bu olam uchun
Malomat so’zlagan kun,
Surnay chalib taxtida
Ko’z boylardi Isrofil!

Istanbul, 1994 yil.
SEN O’ZINGNI…
Sen o’zingni dohiy, bilding
Aytgan so’zim vahiy deb.
Nimaqilsang kofiy bilding,
Yanglishni ham sahiy deb.

Shoirliki-ku chala qoldi
Siyosat-chi? Behuda,
Shuhrat seni asir oldi
Arosatda, bixida.

Minnat senga ona bo’ldi,
Ig’vo suygan padaring.
Tuhmat sendan yona bo’ldi,
Ko’rolmaslik kadaring.

Tanqidni sen tosh sanading,
Birga yuzni qaytarib.
Sindi oxir qo’sh qanoting,
Darbadarsan qantarib.

Oqni qora degan sensan,
Qorani oq degan ham.
Pulni pora degan sensan,
Porani pul degan ham.

Peshin chog’i dindor esang,
Shak keltirding shom botmay.
Bir dumalab dinsiz bo’lding,
Yana dindor, tong otmay.

Lider chiqar har qishloqdan,
Xalqim magar yo’talsa.
Sho’ri qursin bu avomning,
Seni boshga ko’tarsa.
Istanbul, 1995 yil

O’ZBEGIM

ONAIZORIM

Paxta ekib, hosil kuni tolasidan, ayrilgan
Adolating qani desa, bolasidan ayrilgan,
Allohim, deb dod solarkan, nolasidan ayrilgan,
Onaizorim!

Soclarini yula-yula, majnuntolga aylangan,
Haqni izlab yura-yura qaddi dolga aylangan,
Tizzasiga ura-ura qoli sholga aylangan,,
Onaizorim!

Hijrat, deya ketgan ernikutaverib tul bo’lgan,
Zuryodining yo’lin poylab ostonaga qul bo’lgan,
Ayriliqning tandirida yonaverib kul bo’lgan,
Onaizorim!

Zulm rangi qora magar dunyosiga ingandir,
Adolatning chinoridan umid shoxi singandir,
Yig’layverib ko’z yoshlari, Orol kabi tingandir,
Onaizorim!

Dunyo oniy, gadolar ham sultonlari oniydir,
Bu kun kecar saltanatning mo’ltonlari oniydir,
Boshing ko’tar, g’amu g’ussa arkonlari oniydir,
Onaizorim!

Vashington, 2000 yil.

TUG’AVERGIL…

O’nta bo’lsa o’rni boshqa
Qirqta bo’lsa qilig’i.
Biri toshga…
Biri oshga…
Qurimaydi urug’i!
Bitta bolsa ko’tar-ko’tar,
Nozik bodom, tashvish, g’am,
Derlar umring sarson otar
Tug’avergin, tug’, onam!
Hazil desang, mayli hazil,
Jiddiy gapim o’lmaydi,
Senga tug’ma, degan razil,
Farzand nedir bilmaydi.
Istasang tug’!
Istamasang, tug’magil!
Onam, bu erk seniki,
Otinchim shu:
Beshigingda bug’magil,
Onam, bu El seniki!

Vashington, 2000 yil.

KELAJAGING….

Tug’ruqxona panjasida qotilliklar bo’larkan,
O’ylayverib yurak bag’ring zardob bilan to’larkan,
Sen dod solib dardga malham topmasang,
Oz qo’linginda o’z jigaring, kelajaging o’larkan.

Vashington, 2000 yil.

XO’RLANGAN ONAM

Boshi ociq yursa agar,
Sochlari oq- qorlangan onam,
Hijobini o’rasa magar,
Mirhsabidan zorlangan onam,
Sho’rolarning mulkida,
Quldan battar xo’rlangan onam,
Endi , o’zin hur elida,
Taqdiridan orlangan onam!

Vashington, 2000 yil.

KAMTAR…

Kamtaringa kamoldir, deydilar asli,
Kamtarinlik jamoldir, deydilar asli,
Ne darig’, kamtarin bo’lgan insonni,
Kemirib, kemirib yeydilar asli.

Shunga qaramasdan ona kamtardir,
Lablari kularkan kiprik namtardir,
Onaning dardlari daryo bo’lsa ham,
Yuzida shodligu ko’ngli g’amtardir.

Vashington, 2000 yil.

YELKASIDA…

Yelkasida dard tog’lari
Xuddi paxta karvoni.
Yuragida g’am dog’lari,
Sinar bardosh narvoni.

Sahar chiqsa dalasiga
Quyosh qaytar u qaytmas,
Azoblarin bolasiga,
Hamma aytar u aytmas.

Vashington, 2000 yil.

QORLAR…

Qorlar tog’ga emas, boshingizga yog’di, Onam!
Dorlar yovga emas, bolangizga boqdi, Onam!
Umringizdan yana bir yil ketarkan,
Torlar kuyga emas, nolangizga og’di, Onam!

O’rningiz boshimiz ustida dedik,
Oyoqlar ostida qoldingiz, Onam!
Jannat oyog’ingiz ostida dedik,
Jahannam bag’rida yondingiz, Onam!

Vashington, 2001 yil.

SHOHPARAST QUL

Boshingga dur yog’ilar sepganida,
Oyog’ini o’pasan tepganida,
Iziga gul ekasan ketganida,
Shohparast qul!

Qil sug’ursa yumshoq xamir bo’lasan,
Ish buyursa, zolim amir bo’lasan,
Fitna tug’sa, tamal-zamir bo’lasan,
Shohparast qul!

Et yesa u, suyagini chaynaysan,
Bir jilmaysa, olovida qaynaysan,
Elni ezsa, qo’lida sen, karnaysan,
Shohparast qul!

Tosh otganda, “Tuting non!” deb aytasan,
Zulm qilsa “Yorug’ on” deb aytasan,
Bosh kesganda,”Qutlug’ qon!” deb aytasan,
Shohparast qul!

Dushman lozim bo’lgan kun dushmanisan,
Yurtga hisob berarkan, pushmonisan,
Do’ppisi tor kelganda, qurbonisan,
Shohparast qul!

Istanbul. 1995 yil.

BIRLASHMADI O’ZBEKLAR

O’ng ko’zi chap ko’zin o’ygnlar,
Vatanda bir-birin so’yganlar,
Qardoshin mozorga qo’yganlar,
G’urbatda birlashdi,
Birlashmadi o’zbeklar.

Shoh ila gadoning gardi bir,
Oq bilan qaroning mardi bir,
Ayriliq dillarning dardi bir,
G’urbatda birlashdi,
Birlashmadi o’zbeklar.

Vashington, 1999 yil.

BU NE XALQ…

Qayda bugun Turkistonni allalagan nasmlar,
Amu daryo mavjlarida qotib qolgan rasmlar,
Aka-uka ikki qirg’oq, aka-uka dushmandir,
Amu daryo sohilida bedor endi xasmlar.

At- Termiziy bitiklari oltinu tarif bugun,
Termizlikka begonadir Mozori Sharif bugun,
Hayratonda hayron qolgan o’zbekning bolalari,
Goho Do’stim, Goho Ma’sud, gohida harif bugun.

Qayda endi Navoiy ham Boyqoro saltanati,
Qayda endi Mirzo Bobir, Behzodbekning sana’ti,
Afg’on elda fig’on ular, noafg’onda afg’ondir,
Nahotki bu gunolarga Ulu Tangri la’nati.

Bahonadir Juma Namoz, bahonadir toliblar,
Asli sizning orangizga g’ulg’ilani soliblar.
Bir onaning bolalari jangga kirsa o’zaro,
Mag’lub bo’lar, bo’lmas aslo g’oliblar.

Bu ne xalq, Allohi bir gabristoni mingtadir,
Bu ne millat Turoni bir, Turkistoni to’rttadir,
Aybi aniq: do’stini ham dushmanini tanimas,
O’ziga bek, o’ziga xon, yeru yakson – bittadir.

Vashington, 1999 yil.

O’ZBEGIM
Erkin Vohidovga

Tarixingdur bu asrda bunca pinhon O’zbegim,
Senga tegdi qo’sh-omochu paxta ketmon O’zbegim,

Sozlasin Lenin boboyu sozlasin Oxun bobo,
Turkistondin ayro tushib, bo’lding talon O’zbegim,

Yog‘iy senga qahramonu alpomishlar bosmachi,
Sho’rolarning tarixida qonli doston O’zbegim,

Dahri dunda dallollikni kasbi-koron deb bilding,
Olis Sibir muzlarida qabri Co‘lpon O’zbegim,

Oltin qo‘llar oti birla oppoq tog‘lar tiklading,
Kafan izlab yetti mulkda kezding sarson O’zbegim,

Mustaqillik kelgan zamon shohanshohni saylading,
Sig‘inganing shayton ekan, qayda Rahmon O’zbegim,

Temir senga bir jahonu Mirzo Bobur bir jahon,
Lek Yeltsindek tog’ang bordur, ko’ksi qalqon O’zbegim,

Komfirqaning yirtiq to‘nin yechib zarbof kiygizding,
Maqtovlardan so’ng poyiga qo’yding narvon O’zbegim,

Erk yo’lida erkinlaring erklarini berdilar,
Oq saroyda shoirlaring kayfu maston O’zbegim,

Bolalaring bellaridan etak tushmaydur hamon,
Egat aro onalariing xasta karvon O’zbegim,

Dardi tog’u noni yarim, suvi zahri qotildir,
Hol so‘rasang, shukur deydi, umri shukron O’zbegim,

O‘zbegim, deb ne uchun men dunyoga jar solmayin,
Farg’onayu Parkent O’shda ko’ksi vayron O’zbegim,

Men han o‘g‘lingman qabul et, savol bermoq haqqimdur,
Qacon boshing ko’targaysan, O’zbekiston O’zbegim!

Baku, 1993 yil.

KIMSAN?

Muborakning erk degan Murodini urdilar,
Noxos otilgan o‘qqa kokragingni kermading.
Jizzaxda Meliboyning qollarini burdilar,
Olamda nima gap?- deb savolingni bermading.

Er yigit Samandarning yolin tosib ciqdilar,
Yolg’onlarga ishonib unga qarshi tosh olding.
Abduvali Qorini zindonlarda yiqdilar,
Na dod solding va nada kozlaringa yosh olding.

Obidxon qorilarni vijdonim, deb yurganding,
Vijdoning yoqolgan kun bayramingdan qolmading,
Evril Turon O’zbekning ovozi, deb turganding,
Ovozing bug’ilgan ku tomoshadan tolmading.

Yodgor Obid qayerda? Bu savoldan tosh qotding,
Yusuf Juma xoin, deb mirshablarga yon bosding,
Do’sti bo’lib ko’rinding, do’sti bo’lib tosh otding,
Arqoni ham o’zingdan “osiy” bolangni osding.

Ahamdjon Muxtor og’li yurib turib yiqilsa,
Yonidan o’tar ekan, kim edi, deb so’rmading.
Emin Usmon qamoqda qiynoqlardan jon bersa,
Vujududa tayoqning izlarini kormading.

Sanayversam sanoqning sandiqlari to‘lmoqda,
Kimsan?
Balki, qo’li qon, bolakushsan aslida?
Yo, Alhazar,
O’z qo’lida o’zining kelajagi o’lmoqda
Kimsan?
Nahot, uyg‘onmas mangu tushsan aslida?.

Vashington, 2000 yil.

ISYONKOR SO’ZIM BOR

Qo’limda na qilich, na qalqon,
Ostimda na duldul, na fayton,
Ortimda na askar, na shayton,
Isyonkor ko’zim bor!

Yo’limda na yo’ldosh, na sirdosh,
Elimda na umid, na bardosh,
Shafaqda na Quyosh, na bir bosh,
Isyonkor o’zim bor!

Orzuga na Cho’lpon, na Zahro,
Tutarga na oltin, na kahro,
Kurashga na maydon, na sahro,
Isyonkor ro’zim bor!

Yodlashga na qo’shiq, na doston,
So’ylashga na zamin, na osmon,
Tinglashga na mardu na mardon,
Isyonkor so’zim bor!

Istanbul, 1997 yil.

YURTBOSHI

Otlar imillab eshshakka aylanmas,
Xo’tuk ham yugurib ot bo’lmas beshak.
Biroq shohanshohga bu shart sanalmas,
Gohida otdir u gohida eshshak.

Oy yonsin lek quyosh oldida zarra,
Yulduzlar chiqqanda uyalar Xurshid.
Ammo tentak shohga bu emas marra,
Istasa Tangri u istasa murshid.

Adrlar tovonda tog’ esa yuksak,
Buning farqidadir hatto ko’r-so’qir.
Lekin podishohga bular … ne desak?!
Ba’zida o’nqir-u ba’zida cho’nqir.

Zilzila ortidan ergashgan guldur,
Kim uchun chaqmog’u kimga so’ng paymon.
Bizning yurtboshiga bu ham bir puldir,
Chunki o’zi devdir, o’zi Sulaymon.

Istanbul, 1997 yil.

QILICH

Otashga otdilar chatnadi bag’rim,
Bag’rimdan yulduzlar ko’kka sachradi.
Obdonga otdilar qaynadi qahrim,
Qahrimdan bu olam nurdan ajradi.

Boshimni ezdilar temir kundada,
Kundada zaminning yuzi qoraydi.
So’ng qinga soldilar, qindada,
Qindada kunlarning ro’zi toraydi.

Kimningdir ko’ksiga sanchdilar nogoh,
Nogoh qonga botdim, qonli zulfiqor.
Ne qasosing manda temirchi Alloh,
Alloh yana qanday jazolaring bor?!

Istanbul, 1994 yil.

BEZDIM

Olimin zulmi sig’onidin bezdim,
Kosibin nola fig’onidin bezdim,
Boshi egik balo ostonasida,
Osifin otash mug’onidin bezdim.

Oqilin umri sarsonidin bezdim,
Zohirin afru-afsunidin bezdim,
Charxu kajraftorning o’yini tokay,
O’yinin har damu har sonidin bezdim.

Insonin yolg’ona botg’onidin bezdim,
Do’stini do’sti sotg’onidin bezdim,
Haq yo’lida ovozini bo’g’salar,
Ulusin g’ururi yotg’onidin bezdim.

Yuragin ko’zai zardobidin bezdim,
Taqdirin to’hmatu girdobidin bezdim,
Ahlu ishq, ahlu haq mastki netay,
Mansabin mayu sharobidin bezdim.

Har tunin guvohi Mohidin bezdim,
Mardumin tarki silohidin bezdim,
Bu dunyo magar jannat desang,
Tangrining dargohidin bezdim.

Baku, 1993 yil.

BUGUN VATANDIR ZINDON

Oyoqlarim og’riydi sayrgohni sog’inib,
Kipriklarim to’kilar qovushmaslik dardidan.
Bir hovuch nur kiradi panjaradan sig’inib,
Zulmat tortqilab olar bu umidni bandidan,
Bugun kul shamdir zindon!

Osmon suvoq devor lek yulduzlari yo’qolgan,
Oyning aksi yurakda qilichday zanglab yotar.
Quyosh parda tuynukdir qo’llarini oq olgan,
Ko’ngil mulkida chiqib, ko’ngil mulkida botar,
Bugun kul tandir zindon!

Mor devor daraxtlarning o’rnin bosmoq istaydi,
Shoxlarida tosh qushlar uchmoqqa shaylanadi.
Mayslar qovjiragan… tikanlari tilsaydi,
Oyoqdan oqqan qonim shafaqqa aylanardi,
Bugun gulshandir zindon!

Olisdagi yorimning fig’oni qulog’imda,
Sochlarini erkalab afg’on bilan so’zlarman.
Devorlarni siypalab garangsigan chog’imda,
Tush ko’rib yig’lab turgan qizalog’im izlarman,
Bugun sim tandir zindon!

Temir eshik chaqmog’i orzularni qitiqlar,
Erkning elchisi deya tutilaman yolg’ona.
Vatan dardini yozsam devordagi bitiklar,
Isyonkor o’g’illarday otlandilar maydona,
Bugun Vatandir zindon!

Toshkent, 1993 yil.

BU DUNYO TUZALSA…

Aldov alla bo’lib tebratar beshik,
Volida ovozi bo’g’zida qotgan.
Hiyla kamol sifat ochadi eshik,
Padar g’amu g’ussa loyiga botgan.
Aldov qo’shiq ekan-hiylakor san’at,
Bu dunyo tuzalsa menga deng la’nat.

Nokasu nomardning oshig’i nargiz,
Fozil mashog’ini terar sargardon.
Nohaq haq ustida muzaffar hargiz,
Haqiqat sarobdir, haqiqat armon.
Odil g’arib ekan, g’ofili san’at,
Bu dunyo tuzalsa menga deng la’nat.

Zulm manzilida parvona quyosh,
Hurriyat yo’lida shamchiroq yo’qdir.
Mardum qozongani non ila bardosh,
Dil so’zi o’ziga otilgan o’qdir.
Ulusi qul ekan, zulumi san’at,
Bu dunyo tuzalsa menga deng la’nat.

Nomusu adolat ol-berchi bozor,
Shohi joni chiqmay nomi baqoda.
Bu dunyo bog’ida bitgani ozor,
Adashib yurgan biz dorulfanoda.
Banda xudolikni qilibdi san’at,
Bu dunyo tuzalsa menga deng la’nat.

Toshkent, 1992 yil.

Otasi qamalgan qizaloqning nolasi…

Dada…
Adolatning o’roqlari o’tmas-ey,
Yuragimdan g’ashlik sira ketmas-ey,
Arzu dodim shohanshohga yetmas-ey,
Dada sizni qanday qilib asrayin?!

Dada…
Boshim kesib kokka shafaq aylaymi?
Isyonim deb, inja belim boylaymi?
Shum xabarning qaro yolin poylaymi?
Dada sizni qanday qilib asrayin?

Vashington, 1999 yil.

BIR BOLA YIG’LAYDI…

Bir bola yig’laydi , zor bo’lib,
Shodlikmas, sog’incga yor bo’lib,
Ko’z oldi, bu dunyo tor bo’lib,
Bir bola yig’laydi zor bo’lib.

Sahroda sarobni ko’rganlar qancha,
Boladan ahvolin so’rganlar qancha,
O’zini er deya, o’zgani yer bilgan,
Bug’doyni pishmasdan o’rganlar qancha,

Qancha bu dunyoda nohaq insonlar,
Ularning yuragin Alloh tig’laydi.
Ammo tugab borar bitmas imkonlar,
Bola kulmay qo’ydi, bola yig’laydi.

Vashington, 1999 yil.

OSMON UZOQ…

Zog’lar emin sayrgan joyda,
Bulbul o’rni qafasda, e, voh,
Zulm qilic qayragan joyda,
Inson umri nafasda, e, voh!

Osmon uzoq, qattiq yer,
Yum-yum yig’laydi ona.
Zulm orzularni yer,
Sim-sim yig’laydi ona.

Osmon uzoq yer qattiq,
Dardning kozasi sinmas,
Bu ne qilic, bu ne tig’,
Ona faryodi tinmas.

Vashington, 1999 yil.

ONA BO’LISH OSONMAS

Oq koringan har bir narsa osmonmas,
Yurtni yegan yurtiga hec posbonmas,
Bolam deya, koz yosh tokkanlar aytar:
Bu dunyoda Ona bolish osonmas!

Vashington, 1999 yil.

OBIDXONNING ONASI

Zulmat koksin tila-tila chaqnagan,
Ayol zotin qudratini saqlagan,
O’zi qolib bolasini maqtagan,
Obidxonning onasi!

Bugun qishdir, hatto bahor faslida,
Shohga qullik hissi yo’qdir naslida,
Allohidan najot kutar aslida,
Obidxonning onasi.

Vashington, 1999 yil.

ULAR ESA KULDILAR

Ko’zlaringan oqqan yoshni qilich bilan sildilar,
Qulog’ingga halqa emas, motam sasin ildilar,
Yuragindan bir tomirni shiddat bilan yuldilar,
Sen yig’lading onaginam, ular esa kuldilar!

Vashington, 1999 yil.

…MARSIYA AYTAR

Olimni kutadi ota jonsarak,
Ona najot izlab, yollarda halak,
Bola qo’shiq emas, marsiya aytar,
O’lim bir falagu o’lim bir malak!:

“Otam sizga o’lim hukmi ne uchun,
Onam sizni dardlar bukdi, ne uchun,
Oilamiz shodligini o’g’irlagan kim axir,
Shohim sizga quvonch yukmi, ne uchun?

Ne uchun, deb so’zlagayman tokay men,
Otam yo’lin ko’zlagayman tokay men,
Mardlar qani, fig’onimni eshitsin,
Sogiinch bilan bo’zlagayman tokay men!”

Vashington, 1999 yil.

QO’RQOQ

O’zingdan qochasan,
Orqangda bahaybat sirtlonlar.
Ko’zingni ochasan,
Oldinda zaharli ilonlar.
O’zingdan qochasan,
Sirtloning qo’yningda,
Ilonnning bo’ynida.

O’zingdan qochasan,
Sichqondek pildirar yuraging.
Tunu kun chopasan,
Gursillab yiqilar teraging,
O’zingdan qochasan,
Yuraging arqonda,
Teraging orqangda.

Oregon, 1998 yil.

SEVGINING QURBONLARI

Gul jon beradi o’pich misoli
Yondira –yondira firog’ni.
O’pich jon beradi gul misoli
Yondira yondira dudog’ni.
Dunyo shu, kim olar, kim qolar,
Tinmaydi suronlari,
Qabrsiz mozorsiz yo’qolar,
Sevgining qurbonlari.

JAHONGIRI O’LMASIN…

Tirnoqqa zor odamning
yuragi portlar “Bolam!”
To’rt qizi bor otamning
armoni o’gil-olam.
Ostonasida kuzning
yig’lab keldim dunyoga,
Otam to’rtinchi qizin
bag’ishladi Allohga.
Ismin qo’yarkan padar,
Do’sti “Talasma!” deydi-
“Og’ir nom o’kinch, kadar,
Dardlarga tasma”,- deydi.-
“Moziyni yodga solay,
Temurbek qoldi dilgir,
Yigirma birni olmay,
Yerni quchdi Jahongir!..”
Otam qaytmas ahdidan:
“Osmonda oy o’rog’im,
Mulki Turon sathida
So’rab olgan so’rog’im,
Yigirma bir yoshida
Temur o’g’lidek bo’lsa,
Roziman Rabb qoshida
Otdan yiqilib o’lsa!”
Vaqt kechdi jonsarak
o’ttizdan oshdi yoshim.
Dunyo halak, men halak
kechib borar quyoshim.
Yigirma bir yoshimda
netay-ki o’lolmadim.
Amir Temur qoshida
Jahongir bo’lolmadim.
Balki yurt holin ko’rib,
Tangri qahrga mindi.
Turonga jannat berib,
Do’zaxni ko’rar endi.
Dedi, tarixni yodlab:
“Jahongiri osiylar…
Bu xalq darduini qoplab,
Yelkasiga osinglar.
Turongulim so’lmasin,
Tangrisi bor boshida,
Jahongiri o’lmasin,
Yigirma bir yoshida!”

Baku, 1993 yil.

ASKAR

Silkinib
Silkinib boradi tobut
Qabr yulib qolgach odamni.
Silkinib
Silkinib yig’lay olmadim,
Ko’mib kelgandilar otamni.

Silkinib
Silkinib o’qiyman xatni
Maktub-otam,
Qo’llarim tobut.
Silkinib
Silkinib tosh bo’laman
Qabrning ustida yig’lamoq uchun,
Qabrning ustida uxlamoq uchun.

Istanbul, 1994 yil.

YON!

Lovullab yonasan,
Yondiradilar,
Yondir…
Yon!
O’zing isina olmaysan o’z olovingda
Mudrab qolasan,
Muzlab qolasan,
Qola…
Qol!

Istanbul, 1994 yil.

HAFTA

Dushanba-
Sharda shaklimni yashirgan shabnam,
Yaproq alasini tinglab uxlaydi.

Seshanba-
Shamol etagiga ilingan qadam,
Yer qolib Xurshidu Mohni yo’qlaydi.

Chorshanba-
Puli sirot-haqiqatning saftari,
G’irotning yoliga ilingan bola.

Payshanba-
Tangri cho’t qoqadi, hisob daftari
Varqlari oppoq, xatlari ola.

Juma-
Umr osmoniga yoyilgan shafaq
Qorachig’ rangini bo’yagan alam.

Shanba-
Eshigimni nogoh ochib kelgan haq,
Qo’lida qilich yo nuktabon qalam.

Yakshanba-
Qismat chopqillagan dam olish kuni-
Oqshomda shaklimni yo’qotgan shabnam.

Ashgabat, 1993 yil.

TUSHIMDA…

Osmonga aylandim,
Bag’rimni yondirdi Quyosh,
Ummonga aylandim,
Ko’ksimni to’ldirdi ko’z yosh,
Zaminga aylandim,
Kaftimda qabrlar zil tosh,
Insonga aylandim…
Chevramda odamlar be bosh!

…HUSHIMDA

Osmon bo’lolmadim,
Bag’rimni yondirdi Quyoshim.
Ummon bo’lolmadim,
Ko’ksimni to’ldirdi ko’z yoshim.
Zamin bo’lolmadim,
Kaftimdan tushmadi zil toshim.
Odam bo’lolmadim,
Yelkamda bor edi o’z boshim!

Istanbul, 1994 yil.

TUSH

Ko’ngil dushman olib qochar orzu bola- toychog’ni,
Yuguraman orqasidan asfalt yo’lni changitib.
Bir ajdaho paydo bo’lar ko’targanicha tog’ni,
Bosib kelar maysalarni, sokin yerni changitib,
Uyqu ipi uzilar.

Ko’ngil dushman tut ostiga bo’g’jamani soladi,
Silkitaman shoxlarini dupur-dupur ko’pkari,
Malaksiymo ilon noxos quchog’iga oladi,
Yiqilamaiz bo’g’jama yo’q, zamin yo’q, bo’shliq sari,
Uyqu ipi uzilar.

Ko’ngil dushman xazonrezgi chorbog’larga yetaklar,
Ko’zlarimga rang tortadi yaproqning mo’yqalami.
Xazonrezgi orasidan chiqib kelar ertaklar,
Sindaobod kamonida Gurdafarid olami,
Uyqu ipi uzilar.

Ko’ngil dushman olisdagi muzteaga boshlaydi,
Oyog’imni tilar yaxning ignabodom po’chog’i.
Ahvolimdan sumalaklar dudog’ini yoshlaydi,
So’ng boshimga sanchiladi tig’i olmos pichog’i,
Uyqu ipi uzilar.

Isatanbul, 1994 yil.

DADA

Dada,
Bolalikka qaytmoq istayman,
Yetimlikning sitamidan chekinib.
Dada,
Bolalikka qaytmoq istayman,
Uqubatning lashkaridan o’kinib.
Dada,
Bolalikka qaytmoq istayman,
Siz o’tqazgan daraxtga suv bergali.
Dada,
Bolalikka qaytmoq istayman,
Mushfiq onam dardlarini olgali.
Dada,
Bolalikka qaytmoq istayman,
Haqsizlikning jo’yalarini buzib.
Dada,
Bolalikka qaytmoq istayman,
Kurashimning tikan simlarin uzib.
Dada,
Bolalikka qaytmoq istayman,
Umid yirtar odamlardan qochgali.
Dada,
Bolalikka qaytmoq istayman,
Bu dunyoga ko’zni qayta ochgali.

Istanbul, 1994 yil.

Muhojir bekaning nolasi

Ko’zlarimda yosh qotib qoldi,
Qaerdasiz, moh, onajonim,
Ko’ksimda g’am, tosh qotib qoldi,
Qaerdasiz, oh, otajonim?

Nechun quvlar ortimdan nolam,
Nechun quvlar ortimdan alam,
Nechun sinar qo’limda qalam,
Qaerdasiz madadkor onam?

Quyosh botar to’kilar motam,
Dunyo sochim bo’ldi bir tutam,
Rohat kunlar istayman men ham,
Qaerdasiz intizor otam?

Toqat bitar topilmas malham,
Tilim loldir, ko’ngilda alham,
Qachon kelar men kutgan u dam,
Qaerdasiz mehribon otam?
Qaerdasiz soyabon onam?

Istanbul, 1996 yil.

UMID

Sarrin sabodek kirasan ko’nglimga
Bo’ron yanglig’ chiqib ketasan-
Tog’larimni yiqib ketasan.

Yumshoq qor bo’lib yog’asan boshimga,
Bag’rimni muzlatib ketasan-
Yozimni kuzlatib ketasan.

Osilib kelasan tong etagiga
Ko’zlarimni o’yib ketasan-
Kunlarimni so’yib ketasan.

Gul kabi yoqasan dudoqlarimni
Bog’imni so’ldirib ketasan-
Va meni o’ldirib ketasan.

Istanbul, 1997 yil.

QABRLAR

Bosh uchimda daftar turganda
Ilhom kelmaydi.
Atrofimda ilhom yurganda
Qo’l ostida daftar bo’lmaydi.

Shu zayl qancha she’rlar
O’lib ketdi bolaligida.
Doppayib-doppayib qoldi toshsiz qabrchalar
So’lgan gul misoli lolaligida.

Bu azob bir hechdir
Adrlar ko’kardi abru naysonimda.
Qancha-qancha toshli va toshsiz
Qabrlarni ko’tarib yuribman
Qizg’aldoqli qabristonimda.

Istanbul, 1997 yil.

UXLAB QOLAMAN

Yo’ldan adashaman,
Adashmoq uchun.
O’zimni qaytadan
Topmoq istayman.

Maydon qidiraman,
Savashmoq uchun,
O’zimni sinovga
Otmoq istayman.

Chopaman yo’llarda
Yo’l solmoq uhcun
Oyog’im bog’lanib
To’xtab qolaman.

Bedorman uyqudan
O’ch olmoq uchun-
Uyqu panjasida
Uxlab qolaman.

Istanbul, 1995 yil.

SEN ESA

Daraxtlar uxlaydi,
Sokinlik qo’ynida.
Sochlarin taraydi,
Yulduzning qo’llari
Daraxtlar- yulduzning bayrog’i!
Quyoshning qilichi
Kelganda boyniga
Daraxtlar uyg’onar
Kunduzning qoynida,
Daraxtlar kunduzning bayrog’i!

Dengiz ham uxlaydi
Ummonga oshufta
Beshigin tebratar
Tolqinning yallasi
Dengizlar ro’yoning chirog’i!

Shamol torlarini
Chertsa ohista
Dengiz ham uyg’onar
Dunyoning allasi-
Dengizlar dunyoning chirog’i!

Sen esa…
Na bayroq
Na chiroq,
Va nada
Uyg’onish neligin bilmaysan!

Istanbul, 1995 yil.

TARK ETMOQ…

Tark etmoq istayman,
Jodugar otashni,
Vujudim jizg’anak etmasmi?
Tark etmoq istayman
Samarsiz savashni
Bu jangoh yo’q bo’lib ketmasmi?

Tark etmoq istayman
Yolg’onhci ro’yoni
Mudom quvib yurar orqamdan.

Tark etmoq istayman
Be iymon dunyoni
Qo’lini tortmaydi yoqamdan!

Istanbul, 1995 yil.

IBRAT

Sog’inch changalida noliysan,
Sim-sim eriy boshlar holsiz yuraging.
Ajab bu foniy dunyoda foniysan,
Ba’zan o’zingga ham yo’qdir keraging.

Ayriliq ilondir ayovsiz bo’g’ar,
Joning ham bu damda senga begona.
Kim demish har zamon ko’kda kun tug’ar,
Kunning-da ko’ksida olov parvona.

Yolg’izlik ajiriq o’tidek yovuz,
Vujuding chirmaydi, xazon etadi.
Kim yolg’iz emaski, Tangri ham yolg’iz,
Ibratni undan ol, Senga yetadi.

Istanbul, 1996 yil.

SHE’R

She’rning millati yo’q,
O’zi bir millat.
Vatani ham yo’q uning,
O’zi bir elat-
Ko’ngilning nolasi.
She’rning momosi yo’q,
O’zi doyadir.
She’rning asrori u-
O’lmas qoyadir.

TURONIM

TURON OLIS

Turon olis
Tog’lar poylar qorda bosilib.
Niyat xolis
Yo’lga chiqdim, tongga osilib.

Manzil uzoq
Oyog’imda zanjir daryolar.
Xayol tuzoq
Yuragimga sanchar ro’yolar.

Sog’inch toshdir,
Tegirmonda yanchib ezadi.
Ko’zim yoshdir
Ummonida hijron suzadi.

Sahro dahshat
Tikan bo’lib ichar qonimni.
Dilda Mashrab
She’rga o’rab asrar jonimni.

O’rmon chiqar
Kipriklarim yetmaganiday.
Darmon yiqar,
Go’yo avval ketmaganiday.

Bekinmoq yo’q,
Bo’ron qilich kabi yelsa ham,
Chekinmoq yo’q,
Ajal ortdan quvib kelsa ham.

Jonim Turon
Seni quchog’imga bosayin.
So’ng bu jon-
Tanni dorlaringga osayin!

Istanbul, 1996 yil.

OTSIZ
(Nihol Otsizga)

Bu dunyo kimlarni ko’rmadi?
Biri otda, birovi otsiz.
Kim o’ldi kimlari o’lmadi,
Biri boqiy, birovi otsiz.

Qancha fotih, qancha sultonlar,
Mot bo’lmasdan qoldilar motsiz.
Salaf salaf kechdi karvonlar,
Yildirimsiz, Temirsiz, zotsiz.

Shavqati yo’q nomarddir dunyo,
O’z yo’liga soladi yotsiz.
Umr kechar, misli bir ro’yo,
Kim uyatli, kimdir uyatsiz.

Milyon-milyon odamdan asli,
Ayri yashash azobdir, totsiz.
Otlilardan yashadi ayri,
Va o’lmadi, shu bois Otsiz!

Istanbul, 1994 yil.

POSHSHAM

1996 yil 4 avgust kuni Turk mujohidi Anvar Poshaning o’zi yo’lida jon bergani Turkistondan, bugungi Tojikistonning turkiy qavmlar yashaydigan mintaqasidan qabrini buzib, xokini Istanbulga olib keldilar.

Senu tuprog’ingdan,
Menu tog’imdan,
Seni yaprog’ingdan,
Meni bog’imdan,
Ayirdilar Poshsham,
O’h, Anvar Poshsham!
Yuragim qon yig’lar, qon yig’lar Poshsham!

Seni qilichingdan,
Meni qalamdan,
Seni ilinchingdan,
Meni qal’amdan,
Ayirdilar Poshsham,
O’h, Anvar Poshsham!
Yuragim qon yig’lar, qon yig’lar Poshsham!

Seni Iborohimdan,
Meni ruh-tandan,
Seni dargohingdan,
Meni Vatandan,
Ayirdilar Poshsham,
O’h, Anvar Poshsham!
Yuragim qon yig’lar, qon yig’lar Poshsham!

Seni qabristondan,
Meni bo’stondan,
Seni Turkistondan,
Meni Turondan
Ayirdilar Poshsham,
O’h, Anvar Poshsham!
Boshimizda hanuz qush-zog’lar Poshsham,
Yuragim qon yig’lar, qon yig’lar Poshsham!

Istanbul, 1996 yil.

XASTABONU

Xastabonu qal’asi bu,
Xastabonu qoyadir.
Ona Turon to’lg’og’ida,
Xastabonu qoyadir.

Qo’llarim qilich kabi,
Bulutlarni kesardi.
Yo’llarim qilich kabi,
Ro’zgor bo’lib esardi,
Bulutlarni kesardi.

Qalbimning bir burchida,
Lov-lov yonardi gulxan,
Yo’qotganim topgandim,
Xastabonu ham Vatan,
Lov-lov yonardi gulxan.

Ko’zlarimga rang ettim,
Momolarning izini.
Xastabonuda ko’rdim,
Turkistonning yuzini,
Momolarning izini.

Xastaboni, 1996 yil.

FIDOYI

Shamolning rangini anglamoq uchun
Ko’zimga dengizni ko’maman ba’zan.
Tog’larning ustidan hatlamoq uchun,
Bulutlar bag’riga cho’maman ba’zan,
Ba’zan devonaman,
Ba’zan sargardon.

Daraxtlar qlbini tinglamoq uchun,
Nafas olishdan ham turaman ba’zan.
Yomg’riga qo’shilib ingramoq uchun
Yomg’irpo’sh kiymasdan yuraman ba’zan.
Ba’zan devonaman,
Ba’zan sargardon.
Odamlar, shu aziz hurriyat uchun,
Belimga portlatgich boylayman ba’zan.
Ko’ngilda yashirin bir niyat uchun,
Dunyoning ko’nglini dog’layman ba’zan.
Ba’zan devonaman,
Ba’zan sargardon.

Bahaybat tanklarni to’xtatmoq uchun,
Kesagu toshlarni otaman ba’zan.
Daydi o’q tekkanda uyg’otmoq uchun,
Bolamni quchqolab yotaman ba’zan.
Ba’zan devonaman,
Ba’zan sargardon.

Virginia, 200 yil.

OQQUSH

Oqqush ko’rib qoldi baliqni,
Qanotlarin yoydi sathi ummonga.
Baliq topganiday qodir xoliqni,
Ko’nglida yer yo’qdir xatar, gumonga.

Dilro’b qo’shig’ini kuyladi Oqqush,
To’lqin qarsagidan olam to’lg’ondi.
Dengiz raqqosasi mast edi, sarxo’sh,
Shodlik mahvarida sevgi uyg’ondi.

Muhabbat mulkining g’or asiriga,
Birga yashamoqni so’zladi oshiq.
Ummon tor, osmonning keng qasriga,
Ketmoqqa rizodir malika-ma’shuq.

Oshiq olib ketdi yorin ummondan,
Osmonda jon berdi baliq-umri tush.
Nafsining dardida asli insondan,
Hiyla sabog’ini olgandi Oqqush.

Istanbul, 1993 yil.

ABULFAYZ ELCHIBEYga

Mazlum olomon aro qullik diyonat ekan,
Vatan manimdir demoq, yo Rab, xiyonat ekan.
Xalqin o’ylagan o’g’lon o’z jonidin kechibdur,
Ozodlik olov go’yo qoyim-qiyomat ekan.

Korbalo sahrosida Muhammad yig’lar hamon,
Amir Temur avlodi bir-birin tig’lar hamon.
Birlashganlar birlashmas, millatning matni qayda,
Onalari ovora, otalar big’lar hamon.

Quyoshga boqsam magar ko’zimni bog’ladilar,
Oyning dog’i bor, desam so’zimni bog’ladilar.
Kishanlarini yechib uloqtirsam chor taraf,
Osha kishanlar bilan o’zimni bog’ladilar.
Ajalni Xoliq emas, xaloyiq saylab keldi,
Xanjarni yog’iy emas, jon do’stim qayrab keldi.
Hurriyat so’qmog’ida boshim bo’lak, tan bo’lak,
Zaharni ilon emas, maloyik poylab keldi.

Erksizlikda ko’kargan qul bog’idan to’ydim man,
Musulmon tarqoq tariq millatimdan kuydim man.
Boshim kesish o’rniga boz tortdilar sunnata,
Haq yo’linda oxiri o’z-o’zimni so’ydim man.

Baku, 1993 yil.

AL QASOS…

Qorabog’da ona uvlar:
“Tangri nechun qo’rimas!”
Tushlarimda kimdir quvlar,
Bu oromning sho’rimas.
Uyg’on Turon, uyg’on-qalq,
Al-qasosu munal haq!

Ergunoshda qizg’aldoqning
Simirgani suvmas, qon.
Yetti yoshli qizaloqning
Bo’g’zida uzildi jon.
Uyg’on Turon, uyg’on-qalq,
Al-qasosu munal haq!

Fuzulida zamin nolon,
Bobo ruhi chinqirar.
Men uxlayman, qora ilon,
Tunda qo’ynima kirar.
Uyg’on Turon, uyg’on-qalq,
Al-qasosu munal haq!

Uyqu g’aflat faryodlardan,
Bahri Hazar to’lg’anar.
Qon oqqanda daryolardan,
Toshlar hatto uyg’onar.
Uyg’on Turon, uyg’on-qalq,
Al-qasosu munal haq!

Oz’bek otli Alpomishman,
Qirg’iz qavmiman-Manas.
Qozoq nomin olmishman,
Turkman, deya soldim sas.
Uyg’on Turon, uyg’on-qalq,
Al-qasosu munal haq!

Uxlayversang dunyo g’aflat,
G’anim safo suradi.
Turk tuprog’in bosar nafrat,
So’ng Tangri ham uradi.
Uyg’on Turon, uyg’on-qalq,
Sarbadoru munal haq!

Baku, 1993 yil.

Ozarbayjon onasining faryodi

Yuragimi dog’lab ketding,
Kiprigimi bog’lab ketding,
Bilmam kulib, og’lab ketding,
Vo jigarim, vo jigarim!

Uchding nozik yaproq bo’lib,
Otang yotar tuproq bo’lib,
Onang ko’ksi titroq bo’lib,
Vo jigarim, vo jigarim!

Qayda qayri qanotlaring,
Go’ro’g’lixos g’ir otlaring,
Qulog’imda sas-dodlaring,
Vo jigarim, vo jigarim!

Ayriliq, o’h, yomon-yomon,
Tizza urdim zamon-zamon.
Sochim yoydim kamon-kamno,
Vo jigarim, vo jigarim!

Yurtni bermoq gunoh bugun,
Shahid o’g’lim guvoh bugun,
Qasos qo’lda siloh bugun,
Vo jigarim, vo jigarim!

Qayg’u sitam yetar endi,
Sansiz qolib netar endi,
Onang jangga ketar endi,
Vo jigarim, vo jigarim!

Baku, 1993 yil.

SHAKARPORA

Chambil elda kuy g’oliba
Dardni mag’lub ayladi.
Ko’ro’g’libek gulizordan
Gulizarni tanladi.
Shakarpora yuragida
Muhabbati poradir,
Shakarpora, Shakarpora
Sevgi yuzi qoradir.

Chambil elda gulning hidi
Anqib olamni tutdi,
Ko’ro’g’libek mastu maydon
Xo’jasini unutdi.
Shakarpora oyning qizi
Dushmaniga boradir,
Shakarpora, Shakarpora,
Zulmi sayson soradir.

Chambil elda qushning sasi
Yuraklarni uyg’otdi,
Yog’iy g’aflat uyqusida
O’zi uzuk yo’qotdi.
Shakarpora qoshi kamon
Kamon sana choradir.
Shakarpora, Shakarpora,
Sochi arqon doradir.

Chambil elda to’y boshlandi
Gulizarning dili zar.
Ko’rog’lining dul-dul otin
Ko’pkarida ko’r o’zar…
Shakarpora qoldi xanjar
Xanjar ko’ksin yoradir.
Shakarpora, Shakarpora,
Jannat tomon boradir.

Istanbul, 1994 yil.

O’, BOLAM…

Bobolar o’tdilar talashib taxtni,
Xanjar qonga to’ydi oqcha qanotday.
Aka tilkaladi uka badbaxtni,
Mozorlari ayri, ruh ayri, yotday.

Otalar kechdilar shu taxt ishqida,
O’gilning boshini kundaga qo’yib.
Qilich yaraqladi o’lim ko’shkida,
Qabrlar qoldilar ayri, so’ppayib.

Biz ham, vo ajabo, taxtning xastasi,
Do’stning orqasidan poylab otamiz.
Qo’llarimiz yog’och-miltiq dastasi,
Xilxona ayridir, ayri yotamiz.

Avlodim chopqillab kelmoqda ana,
Qo’njida silohu bombalar tutib.
Taxtning mojarosi boshlanar yana,
Go’rkov lahat qazar xun-sharob yutib.

O’, bolam, bombangni portlatib yubor,
Go’zal taxt jalojin- bo’g’ilsin illat.
Muhammad tugilar o’shanda takror,
Balki millat bo’lar o’shanda millat.

Baku, 1993 yil.

SALOM DENGIZ

Salom dengiz bolalikning so’ngsiz arig’i,
Chang ko’chada oyog’imni kuydirgan ido.
Salom dengiz, xayolotning do’nmas qayig’i,
Orzularni olib qochgan maftunkor vido.

Kamolu mulk shoirmishsan dorulzamonda,
Javohiru haqiqa tosh g’azal ul sado.
Hofizlarning davrasida to’lqin kamonda,
Shovullagan kuy chalasan nodira nido.

Tiniq husning ko’rsa Shirin, Zulahxo g’arib,
Farhod g’arib, Yusuf g’arib,Go’ro’g’li gado.
Xurshid kechar, Barchinoy ham kechar bo’zarib,
O’n sakkiz ming rangi yoyiq kamalak ado.

Sohil mazlum, yelkasini silaysan asta,
Biz shaklini chizolmagan sadoqat fido.
Dunyo bugun xoinlarning qo’lida xasta,
Yolg’iz bir sen xiyonatdan ayrisan, rido.

Salom dengiz, men bilmagan uchinchi dunyo,
Momo Havo, Odam Ato jannati judo.
Baliqmidik, feruzami bag’ringda zuryod,
Bizdan kecgan, balki sensan ul ilkin Xudo

Istanbul, 1994 yil.

BIZ YOLG’ONCHILAR

Yolgon nonga o’xshaydi,
Nonsiz yasholmaydi odamzot.
Yolg’on jonga o’xshaydi,
Jonsiz yasholmaydi odamzot.
Yolg’on qonga o’xshaydi,
Qonsiz yasholmaydi odamzot.
Yolg’on xonga o’xshaydi,
Xonsiz yasholmaydi odamzot.
Yolg’onsiz yashasak
Balki bola nonga to’yardi…
Balki odam jondan to’yardi…
Balki zamin qonga to’yardi…
Balki Vatan xonga to’yardi?
Har holda yolg’onga qo’shilib,
eshilib
yashayapmiz
Yolg’on dunyoda
Biz yolg’onchilar.

Istanbul, 1994 yil.

QRIM TURKI

Kokilingni taray-taray
Qorayadi Qoradengiz,
Sohilingga qaray-qaray
Torayadi kecha-kunduz
Qrim bag’ring toshmidi-yo,
Ko’ngling to’la yoshmidi-yo?!

Qoyalaring kuya-kuya
Qaro bo’lib qoldilar.
Sevganlaring suya-suya
Yaro bo’lib qoldilar.
Qrim bag’ring toshmidi-yo,
Dengiz suvmas- yoshmidi-yo?!

Oyog’imga boshin qo’ygan
To’lqin sog’inch yallasi
Senga qarab ko’zin o’ygan
Momo hasrat allasi
Qrim bag’ring toshmidi-yo,
Tosh ko’targan doshmidi-yo?!

Osmoningda bo’zlay-bo’zlay
Oqqushlar qaytib ketdi
Qulog’ingga so’zlay-so’zlay
El dardin aytib ketdi.
Qrim bag’ring toshmidi-yo,
Shart kesilgan boshmidi-yo?!

Istanbul, 1996.

KIMLAR…

Kimlar o’tmadilat dunyodan?
Lek…
Da’vo qoldi.
Nelar kechmadiykin ro’yodan?
Tek…
Navo qoldi.
Ufqqa sollangan dengizdan,
Sir…
Daryo qoldi.
Umrini yashagan yulduzdan,
Bir…
Samo qoldi.

Qo’shiqqa aylangan bayotdan,
Xush…
Sabo qoldi.
Zardobga ko’milgan hayotdan,
Tush…
Vabo qoldi.

Istanbul, 1995 yil.

ISTANBUL KECHALARIDA

Oy osmondan tushar uzilib,
Oy dengizda suzar suzilib,
Oy fohisha kezar buzilib.
Istanbul kechalarida,
Istanbul ko’chalarida.

Tun sharmanda oy bilan yotib,
Tun yig’laydi g’ussaga botib,
Tun kuladi qahqaha otib,
Istanbul kechalarida,
Istanbul ko’chalarida.

Tong sochlari oqargan malak,
Tong gunohni bekitgan palak,
Tong sen kabi sargardon, halak,
Istanbul kechalarida,
Istanbul ko’chalarida.

Istanbul, 1996 yil.

ISTANBUL

Boshi toshu toshi oltin,
Ko’zlarida dardi botin,
Qish kunlari yolg’iz xotin,
Yoz kelganda so’rgin otin,
Istanbulning.

“To’pqopi”da ming bir jilo,
“Marmara”da marmar zilol,
Qoradengiz go’yo hilol,
Minorida jo’shar Bilol,
Istanbulning.

Fotih Sulton xizmatida,
O’zbek takka izzatida,
Shahid boshlar uzlatida,
Nelar yo’qki qismatida,
Istanbulning.

Ali Qushchi yulduz sanar,
Yoz qo’lida qolmish Fenar,
Sohilida ko’shklar yonar,
O’z o’g’li ham ba’zan tonar,
Istanbulning.

Har odimin oti ko’ydir,
“Gejaqo’ndi”- chayla o’ydir,
Tillo taqsang, demak to’ydir,
Goho o’zi qurbon qo’ydir,
Istanbulning.

Mag’rib Mashriq quchog’ida,
Sonsiz tepa dudog’ida,
O’n besh milyon yotog’ida,
O’zi kuyar o’z dog’ida,
Istanbulning.

Istanbul,1996 yil.

CHANOQQAL’A

Og’ochlar yonardi
jovullab,
lovullab,
shovullab…
Qo’llari osmonga cho’zilib,
Saslari tutundan bo’g’ilib,
Og’ochlar yonardi jovullab.
Gar inson yonsaydi-qocharadi-
Faryodi ko’klarga yetardi
Ellardan ellarga shovullab.
Og’ochlar
Oyog’idan bog’langan askar,
Zanjirband sher kabi yonardi
lovullab,
shovullab,
jovullab!

Na yerdan
Na ko’kdan yordam bor,
Og’ochlar shahidlarning yer ustida
yongan ruhlari,
Ko’mir bo’lib qolgan qo’llari,
yetimchalari….

Istanbul, 1994 yil.

BIZ KIM…

Biz kim, mulki Turon,
Mardumi Turkistonmiz.
Biz kim, qalbi to’fon,
Siymi zari bo’stonmiz.

Biz kim, millat suron
Baynalminal do’stonmiz.
Biz kim, g’ussa-g’uron,
Shodliklari dostonmiz.

Biz kim, ozod davron,
Erk yo’lida zindonmiz.
Biz kim, gohi gavron,
Dor ostida xandonmiz.

Biz kim, mardu mardon,
To’yxonada giryonmiz.
Biz kim, abru nayson,
Korbaloda har yonmiz.

Biz kim, gap tojiri,
So’z taxtida sultonmiz.
Biz kim rangi sariq,
Bitiklari O’rxonmiz.

Biz kim, mulki yolon,
Mardumi Turkistonmiz.
Biz kim Turk-ki talon,
Amiri hurkistonmiz.

Ashgabat, 1993 yil.

KIMLAR…

Kimlar sevinchidam mastu mastondir,
Kimlar zindonlarda cekadi ozor,
Bu dunyo kim ucun taxti arkondir,
Kim ucun umidi komilgan mozor.

Vashington, 2001 yil.

KO’ZLARINGGA KO’M…

Ko’zlaringga ko’m jonim,
Jannatingda yashayin,
Ko’zlarimga cho’m jonim,
Bu dunyoni oshayin.

Sochlaringga bog’layu
Tikanzorda sudragil,
Yuragimni dog’layu
Qollarimda mudragil.

Lab degan mohlaringa
Osmon bo’lay nigorim,
Oh, cheksang ohlaringa
Doston bo’lay nigorim.

Dol ayla oyog’ingda
Boshim qayrog’ing bo’lsin
Xol ayla yonog’ingda
Qonim bayrog’ing bo’lsin.

Men sukutni ko’ndirib
Seni kutdim bo’ronim,
Sog’inclarni sondirib,
Uyg’onaqol, Turonim!

Istanbul, 1995 yil.

KELDI NAVRO’Z…

Keldi Navro’z o’ynatib jamalagin,
Ufq aro yoygancha kamalagin,
Yurtga berib bahoriy gul malagin,
Keldi Navro’z, o’ynatib jamalagin.

Keldi Navro’z, kunu tunni teng qilib,
Bag’ri torning yuragini keng qilib,
Bobo Quyosh nurlarini yeng qilib,
Keldi Navro’z, kunu tunni teng qilib.

Keldi Navro’z, yolg’onlarni lol etib,
Ozod elning bayrog’ini ol etib,
Qaddin bukmas g’addorlarni dol etib,
Keldi Navro’z, yolg’onlarni lol etib.

Vashington, 1999 yil.

YAXSHIYAMKI…

Og’och bo’lsang yiqilarding
Boltalarning zarbidan,
O’rdu esang bezillarding
Yog’iylarning harbidan,
Elat bo’lsang quvilarding
Sharqidanu G’arbidan,
Yaxshiyamki, sen bayramsan, Navro’zim!

Osmon bo’lsang qaldiroqlar
Yular edi qoshingni,
Xirmon bo’lsang qora zog’lar
Ko’mar edi choshingni,
Inson bo’lsang tuhmat toshi
Yorar edi boshingni,
Yaxshiyamki sen bayramsan, Navro’zim!

Vashington, 2000 yil.

QOR OSTIDA…

Qor ostida uxlagan
Zamin so’lgo’qda bugun,
Og’ochida mudragan
Kurtak to’lg’qda bugun,
Muzlab yotgan irmoqlar
Ummon cho’lgo’qda bugun,
Navro’z kirib kelsa ham
Qo’llar bog’loqda bugun.

Maysaning yaprog’idan
Shabnam sizlamas bugun,
Lola gul titrog’ida
Bahor muzlamas bugun,
Qahri qattol kimsadan
Omad tizlamas bugun,
Navro’z ko’chama-ko’cha
Dushman izlamas bugun.

Sog’inch qilichi yomon
Tilkalar toshni bugun,
Zulm xastalik asli
Kemirar boshni bugun,
Onalari yig’lasa
Kim tutar yoshni bugun,
Navro’z mo’yqalam olib
Chizmagay qoshni bugun.

Sumalakni qaynatgan
Qozon qoradir bugun,
Iymonlarni uyg’otgan
Azon arodir bugun,
Millatini suyganlar
Sarson sarodir bugun,
Navro’z ham mening kabi
Bag’ri yarodir bugun.

Vashington, 2001 yil.

NAVRO’Z MUBORAK SIZGA

Hey, og’ir kin ham Allohini o’ylagan,
Hey, yolg’on emas rost so’zini so’ylagan,
Hey, zardob yutib kurashini qo’ymagan,
Dillar
Nazro’z muborak sizga!

Hey, mansab uchun do’st yorini sotmagan,
Hey, qabohatning botqog’iga botmagan,
Hey, Vatanim deb kechalari yotmaga,
Dillar
Navro’z muborak sizga!

Vashington, 1999 yil.

IRMOQLAR

SHOIR

Gohi o’jar bolaga,
Bag’ri xunob lolaga,
Hech bitmagan nolaga
O’xshaydi shoir.

Ba’zan yonar o’tinga,
Labi tinmas otinga,
Tug’ayotgan xotinga
O’xshaydi shoir.
O’xshaydi faqat…
Sen o’xshama shoirga!

Oregon, 1998 yil.

BIRINCHI…

Birinchi bo’lishni da’vo qilmadim,
Ikkinchi, uchinchi bo’lishni
Sig’dira olmadim ko’ngilga.
Sen o’lding
Men esa o’lolmadim,
Jonimni halqumda tashib yuribman.

Oregon, 1998 yil.

BIR UMRGA…

Bir umrga
Ming dard bitarkan.
Dard bitmas
Umr bitarkan.
Lek senga
Bermam ketarkan.

Oregon, 1998 yil.

O’LIM QADAR

Uyquni yengasan,
Dushmanni tor-mor etasan,
Bu bir kadar.
Lekin o’zingni yengolmaysan,
O’zing o’zingdan kuchli
O’lim qadar.

Oregon, 1998 yil.

SAVOB ISH…

Savob ish ayladim,
Shukur etmoq uchun.
Bosh olib dunyodan
Senga ketmoq uchun.

Ba’zan gunoh ettim,
Tavba qilmoq uchun.
Boyinga sen tutgan,
Ipni ilmoq uchun.

O’zimni kormadim,
Seni ko’rmoq uchun.
Qotilim nomini
Sendan so’rmoq uchun.

Oregon, 1998 yil.

RO’YO

Oyoq saslaringda yuragim go’yo,
Osilib qolganday gup-gup uradi.
Uyquning ajali rahmsiz ro’yo,
Tun bo’yi ustimdan tushmay yuradi.

Oregon, 1998 yil.

QO’SHIQ

Ko’zlaringda
Shovullagan sharshara
Balogardon daradir.
Yuragimda
Alg’ov-dalg’ov g’arg’ara
O’qlar izi yaradir.

Nigohingda
Jayir-jayir yong’indir,
Sendan yodgor saharlar.
Dod-ohimda
Yonmaganlar yonsin bir,
Tongni kutgan Zahrolar.

Istnbul, 19997 yil.

BESHIGIM

Beshigim Samarqand,
Boshimda allago’y Turon.
Tobutim Samarqand,
Boshimda yig’lar Turkiston.

O’ZIM

Qidirib topolmadim o’zimni,
To’proq ko’chkilari ostidan.
O’zim qayerda?
Qay yer…
Qay…
Tuproq bo’lib k’ochdi nogahon?
Tushim-mi?
Tush…
Hushim-mi?
Hush…
Javobini topsam topaman o’zimni
O’zim…
O’z!

Istanbul, 1994 yil.

SHAPALOQ

Shapaloq tarsakiga aylandi,
Dunyoning qizarib ketdi yuzlari
Yuzlar…
Yuz!
Musht zarbidan zilzilalar uyg’ondi,
Uyg’on…
Uy!
Osmon parchalanib ketdi,
Yulduzlarga, yulduzchalarga,
Yulduz…
Yul!

Istanbul, 1994 yil.

TOSH MARD

Tosh mard
Osmon azoblari ostida qolib
Aylanib ketmaydi ufoqqa.
Sen esa,
Sen esa nomard,
Qorin tashvishlari dastidan nolib,
Qorishib ketasan tufroqqa.

Istanbul, 1994 yil.

KUTISH

Kutasan
Nonga ketgan otangni kutasan
Kut-a…
Kut!
Yutasan
Qotgan nonnni chaynamay yutasan,
Yuta …
Yut!
Kutish dunyoning eri,
Yutish- o’ynashi,
Sen esa o’gay bolasan.

Istanbul, 1994 yil.

SOCHLARIM TO’KILDI

Sochlarim to’kildi,
Zaminga qadldi ignalar.
Yuragim so’kildi
Og’riqdan momo yer ingranar.

Charchamay tepaman
Oyog’im ostida ko’zimni.
So’ng urug’ sepaman,
O’rib olmoq uchun o’zimni.

Istanbul, 1994 yil.

KO’TARIB TOBUTIMNI

Yo’lda tashlab qochdilar,
O’g’irlab dul otimni.
Sahro uzra sochdilar
Orzui sobitimni.
Bugun ahli sadoqat-
Elning ko’zi ularda,
Do’stlikdan so’z ochdilar,
Ko’tarib tobutimni.

Istanbul, 1994 yil.

ZAMON

Buyuklarni
Anglar xotinlari…
Buyuklarni
Zamon anglamas.
Chunki
Zamon buyuklarning
Xotini emas!

Istanbul, 1994 yil.

KO’KSIM…

Ko’ksim tog’ ko’rinar bahaybat,
Sel bosadi daralarini.
Ko’nglim bog’ esada ne hayrat,
Qushlar cho’qir yaralarini.

Ko’zimdan nur oqsada osmon,
O’yib olar qaralarini.
Yillarimga tayansam, zamon,
Mahv ayladi saralarini.

Istanbul, 1994 yil.

DOD, DEYA

O’, qayta yiqilding qoyadan,
Tutib qoladigan halaf yo’q.
Ko’zingni izlaysan soyadan,
Topib beradigan salaf yo’q.

Seni istamaydi bu qoya,
Umidni uzmaysan ertangdan.
Bu safar qo’llaring dod, deya,
Uzilib ketadi yelkangdan.

Istanbul, 1994 yil.

QOSH..

Qosh qalamga qo’shilib qaro qoshing o’ynaydi,
Tosh qalam azobidan aro qoshing o’ynaydi,
Barmoqlaring qoshingni silamoqqa talpinar,
Zulfiqorning dastidan yaro qoshing qo’ymaydi.

Soch taroq quchog’ida qaro soching o’ynaydi,
Och taroq dudog’ida saro soching o’ynaydi,
Barmoqlarim sochingni taramoqqa talpinar,
Tilim-tilim ming tilim zaro soching qo’ymaydi.

Barmoqlarim yondirsam qaro qalam bo’lardi,
Panjalarim yo’ndirsam taroq taram bo’lardi,
Qaro qoshu sochingga yetib borganim bilan,
Vujudingn qiyoshning barmoqlari silardi.

Istanbul, 1994 yil.

MEN SENI KUTAMAN

Men seni kutaman,
Yo’laklarda oyoq ostida qolib.
Sen meni kutasan,
Xayol otli dor og’ochga osilib.

Men seni kutaman,
Kechalari tosh bolishga lab qo’yib.
Sen meni kutasan,
Sharsharaning jamalagin maydalab.

Men seni kutaman,
Qadamlarim chor devorning sharpasi.
Sen meni kutasan,
Nigohlaring derazaning pardasi.

Men seni kutaman,
Afg’onimni asov otga mindirib.
Sen meni kutasan,
Musiqaning xanjarini sindirib.

Men seni kutaman,
Ayriliqning arqonini tortqilab.
Sen meni kutasan,
Tushlaringda tikanzorda chopqillab.

Men seni kutaman,
Ko’kragimni nayzaband sanchig’ tutar.
Sen meni kutasan,
Faryodimdan Tangi uyg’onib ketar.

Baku, 1993 yil.

ROHILAGA

Hilolimsan olis osmon bog’ida,
Quchog’imdan sahar sani yuladi.
Xurshid kuyar yuragimning dog’ida,
Oydin kunlar boz ustimdan kuladi.

Yaprog’imsan yuragimning shoxida,
Ko’kragimdan shamol sani oladi.
Bosh uraman ildizimning ohida,
Zamin yonib qaro bo’lib qoladi.

Najotimsan qiynoq qiynar chog’ida,
Shodlik sani o’g’irlaydi yonimdan.
Yolg’izlikning bulut yirtar tog’ida,
Irmoqchalar sizib chiqar jonimdan.

Ilohimsan sig’inaman gohida,
Rashkchi Tangri uloqtiradi sandan.
Bilar ammo, ruhimiz dargohida,
Qovushgali ayriladi Vatandan.

San manimsan, man saningman Rohila,
Ayriliqlar to’fonida umrimiz.
O’zga bir nur tusha olmas dohila,
Hammasidan yorug’ bizning nurimiz.

Baku, 1993 yil.

YO’QOLGAN KUNLAR

Quyosh aravasin charxi aylanmas,
O’rlar tutunlar.
Oqshomning qo’liga boylanmas,
Yo’qolgan kunlar.

Zamin dul-dul otin yo’qdir nahali,
Yo’lda nigunlar.
Shapalakka havasmand oy mahali,
Yo’qolgan kunlar.

Sanoqsiz yulduzlar jilmayar asta,
Umri tugunlar.
Burchakda bukchyib o’tirar xasta,
Yo’qolgan kunlar.

Sahar sabo etagiga yopishar,
Bag’rini xunlar.
Qabrga qaytmoqqa oshiqar, shohsar,
Yo’qolgan kunlar.

Baku, 1993 yil.

YOZ…

Yoz yomg’iri,
Kimning umri,
Kimning ko’z yoshi-
Lahzalarda qurib qolgan soy.

Ko’kda shafaq,
Kimning qoni,
Kimning boshi-
Bulutlarni kunda qilgan oy.

Tonggi shabnam,
Kimning ko’zi,
Kimning bardoshi-
Yaproqlarni o’rab olgan yoy.

Go’zal malak,
Kimning yori,
Kimning dard toshi-
Tobutlarni yo’lga solgan “Voy!”

Istanbul, 1996 yil.

KO’Z YOSHSIZ KUNDA

Yomg’ir yog’ar maydalab,
Maydalab yuragimni
Xayol qochar parchalab,
Parchalab tilagimni,
Quyoshsiz kunda.

Yolg’iz qolib bo’zlayman,
Bo’zlayman Seni izlab.
O’z-o’zimga so’zlayman,
So’zlayman Seni o’zlab,
Bardoshsiz kunda.

Dunyo o’rmon men g’oyib,
Men g’oyib kun orasi.
Osmon qolar sarg’ayib,
Sarg’ayib ko’z qorasi
Ko’z yoshsiz kunda.

Istanbul, 1996 yil.

SEN KO’ROLMAYSAN

Irmoqlar oqadi,
Yulduz nahriga,
Daryolar uzangan,
Osmon bag’riga
Sen ko’rolmaysan!

Og’ochning sochlari
O’rib qo’yilgan,
Yaproqlar yig’laydi,
Ko’zi o’yilgan,
Sen ko’rolmaysan!

Mening yuragimda
Tog’lar ko’milgan,
Qirmizi ummonda
Dunyo cho’milgan,
Sen ko’rolmaysan!
Istanbul, 1994 yil.

SASLAR

Yalang’och bandalar navbatda,
Hammomga qiyindir, albatta.
xxx

Quyosh sevib nur bag’ishlar Oy joniga,
Mohtob esa tunda qochar Yer yoniga.
xxx

Oshiq oqshom mastdur go’shagida,
Yalang’och kun uxlar to’shagida.
xxx

Oqshom xanjarini sanchdi Quyoshga,
Quyosh qonga botib, bosh qoydi toshga.
xxx

Qorong’u bostirib keladi,
Nurdan qocha-qocha…
xxx

Zulmat uxlar sahar qo’ynida,
Qo’llari oqshomning bo’ynida.
xxx

Eshik yopiq yetmaydi qo’lim,
Dodlay desam, aylanmas tilim,
Tashqarida gurung hukmron,
Derazadan bosh suqar o’lim.
xxx
Daqiqalar askar misoli
Qilichini yalang’ochlagan
Shahid tushar orqama-orqa…
xxx
Osmondan tosh yog’ildi,
Yerdan olov o’rladi ko’kka
Surnayini chald Isrofil.
xxx
Ketasan
So’ppayib qoladi uying
Parvosiga kelmas shaharning
Yotaveradi,
Parvosiga kelmas saharning
Otaveradi.
xxx
Boy boy bo’lay deydi,
Kambag’al o’lay deydi.

99 NUR

TANGRINING GO’ZAL ISMLARIGA MUNOJOT

TANGRI

Tangri, Senga yuz ming yulduz Quyosh bo’lib topinar,
Tangri, Senga daryo-dengiz ko’z yosh bo’lib topinar,
Mening sevgim olam aro garchi zarra, qabul et,
Tangri, Senga ne-ne ulus bir bosh bo’lib topinar!

AR-RAHMON

O’zing asra do’st ko’ringan mubtalodan, yo, Rahmon!
O’zing asra yuzi tiniq ich balodan, yo, Rahmon!
Marhamating qudratiga sig’indim men, yo, Rahmon!
O’zing asra har qazoyu har balodan, yo, Rahmon!

AL-MALIK

Taxti oliy hukmdori, arsh-mohlarim, yo, Malik!
Senga ayon osiyligm, dil ohlarim, yo, Malik!
Banda bandasi bo’lmay bandangdurman, yo, Malik!
O’zing kechir mahkamada gunohlarim, yo, Malik!

AL- QUDDUS

Sevgi Sening kamolingdir , yo, Quddus!
Nafas Sening shamolingdir, yo, Quddus!
Muhabbatim izhoriga so’z loldir,
Jannat Sening jamolingdir, yo, Quddus!

AS-SALOM

Haqsizlikdan qonim muzlar, yo, Salom!
Kimdir bunga malham izlar, yo, Salom!
Yer yuzida darmon yo’qdir bu dardga,
Shifo bergin xasta bizlar, yo, Salom!

AL-MO’MIN

Netayki men vafosi yo’q bu jahonni, yo, Mo’min!
Yuraklardan sug’urib ol bu kamonni, yo, Mo’min!
Bir qulingman, faryodimga quloq sol.
Qalb bog’ida boqiy ayla gul- iymonni, yo, Mo’min!

Al-MUHAYMIN

Yo, Muhaymin, qalbi poklar sultoni Sen!
Yo, Muhaymin, dorul baqo imkoni Sen!
Yo, Muhaymin, osoyishning arkoni Sen!
Yo, Muhaymin, xayru ehson makoni Sen!

AL-AZIZ

Yo, Aziz, Senga tavakkul ayladim,
Yo, Aziz, ravshan yo’lingni tanladim,
Yo, Aziz, ruhni sinovga shayladim,
Yo, Aziz, Sensiz hayotda nayladim!

AL-JABBOR

Vatanimni obod ko’rish murodimdir, Yo, Jabbor!
Ulus dardi bo’g’zimdagi faryodimdir, Yo, Jabbor!
Men borman-mi, men yo’qman-mi, bilinmas,
Lek millatim baxti kulsa, ruh shodimdir, Yo, Jabbor!

AL-MUTAKABBIR

Tuproq edim, xoki sorman, yo, Mutakabbir!
Sen oldingda xoru zorman, yo, Mutakabbir!
Nedan o’zni unutayin, bosh ustimda nigohing,
Qarzni olsang xobi yorman, yo, Mutakabbir!

AL-XOLIQ

Umid Sendan, bir farishta yuboraqol, yo, Xoliq,
Insofsizlar qilmishini daftarga sol, yo, Xoliq,
Tili boshqa, dili boshqa mullati-mushriklarni,
Tilin kesib, qiyomatda qozonga sol, yo, Xoliq!

AL-BORI

Onam meni kutganida ko’ngil zori Sen eding!
Yorim bola kutganida dilda Bori, Sen eding!
Bolam bola kutganida madadkori bo’l O’zing,
Nevaramning nevarasin Xudo yori, bo’l O’zing!

AL-MUSAVVIR

Ko’zni chizding qosh ostidan ko’k osmonni
ko’rsin deb,
Labni chizding qo’lga olgach, nur Qur’onni
o’psin, deb,
Umr berding bu dunyoda farosatga
to’lsin, deb,
Zuryod berding o’lganida rohat bilan
o’lsin deb!

AL-G’AFFOR

O’zing tingla dil ohimni, yo, G’affor,
Kechir qilgan gunohimni, yo, G’affor,
Saqla do’zax azobidan, yo, G’affor,
Jannatdan ber dargohimni, yo, G’affor!

AL-QAHHOR

Bo’ynimda ilon ekan, orzularim, yo, Qahhor,
Qalbimda nolon ekan, orzularim, yo, Qahhor,
Bu dunyo orzularin tark ayladim, yo, Qahhor,
Seningla shodmon ekan, orzularim, yo, Qahhor!

AL-VAHHOB

Haq yo’lida xastalarga xastaman, yo, Vahhob,
Zulm qo’lida yonganlarga bastaman, yo, Vahhob,
Johil bo’lsak, ilmu ehson bag’ishla, yo, Vahhob,
Jihod izlab faqat Senga sasdaman, yo, Vahhob!

AR-RAZZOQ

Sen yaratgan dunyo bog’dir, yo, Razzoq,
Saxovating yuksak tog’dir, yo, Razzoq,
Dushmanga xor, do’stlarga zor aylama,
Dasturxonga ne’mat yog’dir, yo, Razzoq!

AL-FATTOH

Gulni sevdim, tikanidan qon yutdim, yo, Fattoh,
Elni suydim, jimligidan o’h, kuydim, yo, Fattoh,
Haq yo’lida haqlarimdan ajralib, yo, Fattoh,
Senu sevdim, dardlarimni unutdim, yo, Fattoh!

AL-OLIM

Johil ahli ish boshida zolim bo’ldi, yo, Olim,
Qo’llarida o’g’irlangan molim bo’ldi, yo, Olim,
Adolatning shamchirog’in so’ndirmagil, yo, Olim,
Oxiratning ahkomida olim bo’ldi, yo, Olim!

Al-KOBUD

Rizqu ro’zni Sendan oldim, yo, Kobud,
Tortib olsang nochor qoldim, yo, Kobud,
Buyrig’ingdan chiqmay aslo, yo, Kobud,
Qalbga faqat Seni soldim, yo, Kobud!

AL-BOSIT

Osmon oyoq ostida Sen uchun, yo, Bosit,
Zamin oyoq ostida Biz uchun, yo, Bosit,
Sen istasang osmonni param-parcha etasan,
Bizni esa bu zamin yutar bir kun, yo, Bosit!

AL-HOFID

Men g’aribning holiga kular kimlar, yo, Hofid,
Ammo kiprik ostida nurlar imlar, yo, Hofid,
Qo’l siltayman dunyoga, sendan madad olaman,
Garchi atrof aylana tikan simlar, yo, Hofid!

AR-ROFI

Qulingga bir mansab ato qil, yo, Rofi,
Taxtinga irfonni mato qil, yo, Rofi,
Ehsonning yo’lida gado qil, yo, Rofi,
Iymondan toyganda ado qil, yo, Rofi!

AL-MU’IZ

Yo, Mu’iz! Bu ne’mat, bu sharaf daryosi O’zing,
Yo, Mu’iz! Ko’ngil gulshanining rizosi O’zing,
Yo, Mu’iz! Borliq uxlaganda ro’yosi O’zing,
Yo, Mu’iz! Olam uyg’onganda ziyosi O’zing!

AL-MUZIL

Yo, Muzil! Iymonni otganlar ko’payib ketdi.
Yo, Muzil! Zillatga botganlar ko’payib ketdi.
Yo, Muzil! Ishlamay yotganlar ko’payib ketdi.
Yo, Muzil! Ismingni sotganlar ko’payib ketdi.

AS-SAMIY

Yo, Samiy! Saslar dolg’asida yaraqlagan dur,
Yo, Samiy! Sukunat sathida kezguvchi huzur,
Yo, Samiy! Fikr osmonini qurshab olganlar,
Yo, Samiy! Qalbim urishini o’zing tinglab ko’r!

AL-BASHIR

Yo, Basir! Savobu gunohim o’zingga ayon,
Yo, Basir! Yashirib yozsam-da sen uchun bayon,
Yo, Basir! Dunyolar mulkida g’olibsan-shoyon,
Yo, Basir! Sendan qocha-qocha ketarman qayon!

AL-HAKAM

Yo, Hakam! Haqiqat izladim dorul fanoda,
Yo, Hakam! Ko’zlarim bog’lanib guli ra’noda,
Yo, Hakam! Bilmadim adolat asli ma’noda,
Yo, Hakam! Sening amringdaman, boqiy samoda!

AL-ODIL

Yo, Odil! Qayga borsam ko’rdim yuraklar yaro,
Yo, Odil! Yona-yona qirmizi qonim qaro,
Yo, Odil! O’zing shavqat farmonini o’qigil,
Yo, Odil! Bosh tutaylik odilsizliklar aro!

AL-LATIF

Umri daroz, rizqu farog’ ber, yo, Latif,
Zulmat aro yo’lda charog’ ber, yo, Latif,
Nasibamni mayda-mayda tergali,
O’zing qadoq qo’lga yaroq ber, yo, Latif!

AL-XABAR

Gunoh qildik kunduzlari, qaro parda- devor qilding, yo, Xabar,
Gunoh qildik biz tunlari, Xurshid ila oshkor qilding, yo, Xabar,
Qahring Sening rahming ekan, rahming ogoh etguvchi sas,
Bilmaganni oxiratda tilim-tilim, abgor qilding, yo, Xabar!

AL-HALIM

Yo, Halim, ko’nglima shavqatni sol,
Yo, Halim, yo’lima hurqatni sol,
Guhoh etsam marhamating ayama,
Yo, Halim, umrima shavkatni sol!

AL-AZIM

Ummon zarra, Sen azimsan, yo, Azim,
Osmon zarra, Sen azimsan, yo, Azim,
Men milt etgan uchqundirman, yo, Azim,
Jahon zarra, Sen azimsan, yo, Azim!

AL-G’AFUR

Bu dunyoning har kuni nur-yoz emas, yo, G’afur,
Adolatsiz shotilari xo’p soz emas, yo, G’afur,
Sinovingda bilib-bilmay yiqildim,
Maxfirat qil, gunohlarim ko’p, oz emas, yo, G’afur!

ASH-SHOKIR

Shukr Senga, bandaga qul bo’lmadim, yo, Shokir,
Shukr Senga, nihol ekan so’lmadim, yo, Shokir,
Ne’matingni har lahzada his etdim, yo, Shokir,
Shukr Senga, o’lib turib, o’lmadim, yo, Shokir!

AL-OLI

Arking arkida yo’qdirki adad, yo, Oli,
Qo’lni ochsak o’zing madad, yo, Oli,
Qiyos izlab qiyosingni topmadim,
Oliy Sensan, oliy abad, yo, Oli!

AL-KABIR

Yo, Kabir, azmingda ilmu murvat bo’lolsaydim,
Yo, Kabir, nazmingda she’ru-shuhrat bo’lolsaydim,
Yo’q, ojizman, munavvarlik Senga xos,
Yo, Kabir, nasdingda quli ibrat bo’lolsaydim!

AL-HAFIZ

Otam-onam qabrin nurla obod qil, yo, Hafiz,
Ruhlarini jannatingda dilshod qil, yo, Hafiz,
Osiy dunyo o’tganlarni unutar, yo, Hafiz,
Boqiy elda ular nomin Sen yod qil, yo, Hafiz!

AL- MUKIT

Oriyatni baland tuttim, xorlandim, yo, Mukit,
Xosiyatni baland tuttim, zorlandim, yo, Mukit,
Hiyla-nayrang tuzog’ini sevmadim, yo, Mukit,
Oqibatda jannatingga chorlandim, yo, Mukit!

AL- HOSIB

Suv balosi, olov balosidan qo’rqdim, yo, Hosib,
Chuv balosi, aldov balosidan qo’rqdim, yo, Hosib,
Habiyalloh-ul-Hosib, o’zing asra,
Quv balosi, hiyla balosidan yo, Hosib!

AL-JALIL

Maskanimga shamol keldi, yo, Jalil,
Mashrabimga kamol keldi, yo, Jalil,
Sening noming zikr etsam, qay mahal,
Mansabimga jamol keldi, yo, Jalil!

AL-KARIM

Tunlar tongga ulanar, “ Yo, Karim!” desang,
Mazlum shuur hurlanar, “ Yo, Karim!” desang,
Yo’ling yetib Dorulbaqoga,
Ruhing qayta nurlanar, “ Yo, Karim!” desang!

AR- ROQIB

Olam aro be raqibsan, yo, Roqib,
Biz ta’zimda, be ta’qibsan, yo, Roqib,
Gunohimiz haddan oshib ketgan kun,
Azob uchun o’t yoqibsan, yo, Roqib!

AL-MO’JIP

Sabr bizdan, qadr Sendan, yo, Mo’jip,
Sadr bizdan, adr Sendan, yo, Mo’jip,
Xiyonatga quling muhtoj qolganda,
Qabr bizdan, jabr Sendan, yo, Mo’jip!

AL-VOSI

Men ishonsam, ishonganim sotdi, yo, Vosi,
Dostim poylab yuragimdan otdi, yo, Vosi,
Faqat Senga inondim so’ng, yo, Vosi,
Qalbim hayot ta’min totdi, yo, Vosi!

AL-HAKIM

Hikmat izlab umr kechdi, yo, Hakim,
Xotiradan izlar o’chdi , yo, Hakim,
Va bilmadim, himkat Senda, yo, Hakim,
Ko’zbog’imni ajal yechdi, yo, Hakim!

AL-VADUD

Qalam qolib, qilich tushdi qo’lima, yo, Vadud,
Dushnam emas, do’stlar chiqdi yo’lima, yo, Vadud,
Iymon suvi kelgach ko’ngil cho’lima, yo, Vadud,
Hayot nadir, boshni urdim o’lima, yo, Vadud!

AL-MAJID

Yo, Majid, Sen azamatlar azamati,
Yo, Majid, Sen karomatlar karomati,
Magar Sening ulug’liging ko’rolmasam,
Yo, Majid, Men malomatlar malomati.

AL-BOIS

Ne-ne zo’rlar, zo’ravonlarni ko’rdim, yo, Bois,
Ne-ne cho’llar, yo’l-ravonlarni ko’rdim, yo, Bois,
Kuchsizu zarradirlar puli sirotning oldida,
Sendan qo’rqqan qalb-shodonlarni ko’rdim, yo, Bois!

ASH- SHOHID

Bo’htondan chiqmadi boshim, yo, Shohid,
Anduhdan so’nmoqda Quyoshim, yo, Shohid,
Farzandlar dog’ida yondirma, faqat,
Arshinga yetganda yoshim, yo Shohid!

YO, HAQ

Haq yolida nohaq bo’lganlar qancha, yo, Haq,
Haq yo’lida barhaq bo’lganlar qancha, yo, Haq,
O’zlarini Quyosh deb oqibatda bir kuni, yo, Haq,
Qonga botib shafaq bo’lganlar qancha, yo, Haq!

AL-VAKIL

Og’och bo’ldim, dor bo’lmadim, yo, Vakil,
Sudraldim goh, mor bo’lmadim, yo, Vakil,
Tavakkalni Senga qildim, yo, Vakil,
G’arib edim, xor bo’lmadim, yo Vakil!

AL-QOVIY

Ko’kka boqdim tilsim ko’rdim, yo, Qoviy,
O’zni omiy qil sim ko’rdim, yo Qoviy,
Ta’limoting chashma yamglig’ simirgach,
Sir kalitin gulsum ko’rdim, yo, Qoviy!

AL-METIN

Sen metinsan, men turg’unman, yo, Metin,
Sen inoyat, men tuyg’unman, yo, Metin,
Tuynigingdan kirib bordim qasringga,
Sen lutfsan, men uyg’unman, yo, Metin!

AL-VALIY

Odamlar orasidan do’st izlabman befoyda, yo, Valiy,
Umidlarim suv bo’lib oqib ketdilar soyda, yo Valiy,
Haqiqiy do’st Sen kirding huvillagan qalbimda, yo, Valiy,
Orzularim chinma-chin yuksaldilar bir joyda, yo Valiy!

AL-HAMID

Al-hamidullohu Rabbil a’lamin, yo, Hamid,
Sen pokiza, Sen hafizau a’lamin, yo, Hamid,
Senga sano aytmoq qarzu muborak, yo, Hamid,
Hamd yozmasa sinsin qo’lda qalamim, yo, Hamid!

AL-MUHSIY

Tongda turdim, bosh ustida Sen eding, yo, Muhsiy,
Xayol surdim, bosh ustida Sen eding, yo, Muhsiy,
Xox tun edi, xih kun edi- dunyo kezdim-
Qayda yurdim, bosh ustida Sen eding, yo, Muhsiy!

AL-MUBDIY

Bilmam loymidim, paxsazanning oyog’ida, yo, Mubdiy,
Bilmam oymidim, cho’ponlarning tayog’ida, yo, Mubdiy,
Odam bo’ldim Sening karomatingdan, yo, Mubdiy,
Bilmam ne xat bor peshonamning naryog’ida, yo, Mubdiy!

AL-MO’BID

Asl so’roq huzuringda turishdir, yo, Mo’bid,
Asl yurish ko’prigingda yurishdir, yo, Mo’bid,
Jannatingdan benasib qolganlarga, yo, Mo’bid,
Asl azob do’zaxingda kuyishdir, yo, Mo’bid!

AL-MUHYI

Ayro tushdim sokin qishloq- onamdan, yo, Muhyi,
Ayro tushdin jo’shqin shahar-otamdan, yo, Muhyi,
Azoblarim zardob bo’lib oqdilar, yo, Muhyi,
Ayro tushdim foniy dunyo-olamdan, yo, Muhyi!

AL-MO’MIYT

O’lim nadir, o’lim Sening qarzingdir, yo, Mo’miyt,
Hayot nadir, hayot Sening darsingdir, yo, Mo’miyt,
Farishtalar xizmatida muntazir, yo Mo’miyt,
Odam nadir, odam Sening farzingdir, yo, Mo’miyt!

AL-HAYY

Bilmadim bu dunyoda netkinchimiz, yo, Hayy,
Dunyo o’rmon, balki biz o’tinchimiz, yo, Hayy,
Abadiyat mulkining sohibisan, yo, Hayy,
Sen yashaysan, biz esa o’tkinchimiz, yo, Hayy!

AL-QAYYUM

Sadaf tishni terganingday dunyo tizding, yo, Qayyum,
Savob gunoh orasida bizni tuzding, yo, Qayyum,
Istaganda bor ayalding, yor aylading, yo, Qayyum,
Istaganda barchasini qayta buzding, yo, Qayyum!

AL-VOJID

Qocha-qocha qayga qochib boraman, yo, Vojid,
Odil yo’lda urug’ sochib boraman, yo, Vojid,
Yuragimga cho’g’ olovni soldimg Sen, yo, Vojid,
Yona-yona eshik ochib boraman, yo, Vojid!

AL-MOJID

Boyliklardan uzoqda boy edim, yo, Mojid,
Yo’limga raqib chiqsa yoy edim, yo, Mojid,
Davlatim bo’lmasada sharafimni saqlading,
Daryo loyqa, men-tiniq soy edim, yo, Mojid!

AL-VOHID

Biz na olovu na tutun, yo, Vohid,
Sen vohidsan-bir butun, yo, Vohid,
Birlashtirgin qullaringni yo, Vohid,
Biz tarqoqmiz, zor-yupun, yo, Vohid!

AS-SAMAD

Sen muhtoj emassan. men muhtojman, yo, Samad,
Men gultoj emasman, sen gultojsan, yo, Samad,
Sen menga gultoju men Senga muhtoju
Bu dardim gar shoh esa, man xirojman, yo, Samad!

AL-QODIR

Yuragimda hasratim bor, sodiri Sen, yo Qodir,
Shuurimda nusratim bor, nodiri Sen, yo, Qodir,
Millatimga o’g’il bo’lib, xizmat aylamoq uchun,
Bu dunyoda fursatim bor, qodiri Sen, yo, Qodir!

AL-MUQTADIR

Taxtu Sulaymonni netay, taxting oldida, yo, Muqtadir,
Bosh olib qayga ketay, shahding oldida, yo, Muqtadir,
Yeru ko’kda qudrat Sensan, O’zing qo’lla, yo, Muqtadir,
Men murodimga yetay, ahding oldida, yo, Muqtadir!

AL-MUQADDIM

Yo, Muqaddim, mansab berding ho’l bo’ldi dudoqlarim,
Yo, Muqaddim, sasing tinglab, lov yondi quloqlarim,
Yo, Muqaddim, siroti mustaqiymda Seni yodlab,
Yo, Muqaddim, og’madim- tutib turdi oyoqlarim!

AL-MO’OHHIR

Nur Ka’bai mukarramim osmondir, yo, Mo’ohhir,
Madinai Munavvarim dostondir, yo, Mo’ohhir,
Tepib turar ko’kragimning ichida, yo, Mo’ohhir,
Samarqandu mo’tabarim sarsondir, yo, Mo’ohhir!

AL-AVVAL

“Yo, Avval!”, degandi bobomning bobosi,
“Yo, Avval!”, otamning qalb urish sadosi,
“Yo, Avval!”,umrimning ibtido, adosi,
“Yo, Avval!”, qul bor-ki, bu so’zning gadosi!

AL-OXIR

Qaydan kelib yana keturmiz qayon, yo, Oxir,
Soati yetganda qilasan ayon, yo, Oxir,
Boqiylik yarashar zotingga tanho,
Avvalu Oxirdan O’zingsan shayon, yo, Oxir!

AZ-ZOHIR

Yetti mulkim o’z o’rnida, Sen mohirsan, yo, Zohir,
Tafakkurim daryosida, Sen hozirsan, yo, Zohir,
Muhabbat ne, bilmoq istagan banda, yo, Zohir,
Seni sevsin, ko’ngul Zuhra, Sen Tohirsan, yo, Zohir!

AL-BOTIN

Aql chashma, Sen tubida ko’zisan, yo, Botin,
Dilim bulbul Sen tilida so’zisan, yo, Botin,
Ruhim Sensiz yashay olmas bir lahza, yo, Botin,
Ruhim iymon, Sen ilmida O’zisan, yo, Botin!

AL-VOLIY

Yo, Voliy, yoshga sihat, keksalarga umr ber,
Yo, Voliy, bohsga aql, yuraklarga sabr ber,
Yo, Voliy, g’ariblarning burda nonin oldilar,
Yo, Voliy, razolatga botganlarga jabr ber!

AL-MO’TAOLI

Shubha dilni kemiradi, yo, Mo’taoli,
Gumon elni yemiradi, yo, Mo’taoli,
Sendan qaytgan nobakorlar nobakori,
Dinsizlikdan semiradi, yo, Mo’taoli!

AL-BARR

Yaxshilikni xayru ehsoningdan oldim, yo, Barr,
Muruvvatni mehru osmoningdan oldim, yo, Barr,
Yomonlikni ma’lun shaytondan oldi kum,
Omonlikni ilmu urfoningdan oldim, yo, Barr!

AT-TAVVOB

Tavba chog’i hilu hildim, yo, Tavvob,
Gunohimni aqqol bildim, yo, Tavvob,
O’zing kechir, ostonangda tiz cho’kdim,
Tavba qildim, tavba qildim, yo, Tavvob!

AL-MO’NTAQIYM

Darra azoblari ne emish, yo, Mo’ntaqiym,
Arra azoblari ne emish, yo, Mo’ntaqiym,
Boshiga kelganlar angladi, yo, Mo’ntaqiym,
Zarra azoblaring ne emish, yo, Mo’ntaqiym!

AL-AVFUV

Xo’p gunohga to’ldim man, avf etarmisan, yo, Avfuv,
Ming pushayamon bo’ldim man, avf etarmisan,
Igna yashar yuragimning ostida, zardob yig’ib, yo, Avfuv,
Oh, qiynalib o’ldim man, avf etarmisan, yo, Avfuv!

AR-RAUF

Yo, Rauf, daryolar qurib bitardi dardim tegirmonida,
Yo, Rauf, qoyalar nurab ketardi dardim selimonida,
Xayriyat, Sen, bardoshdan tomirimga qon quyding,
Yo, Rauf, bilmam dunyo netardi dardimning to’fonida!

MOLIKUL-MULK

Molikul-Mulk, Sen badavlat, men molsiz,
Molikul-Mulk, Sen basavlat, men holsiz,
Molikul-Mulk, Sen ne’matingdan ulush berding,
Molikul-Mulk, Sen saxiysan, men xasis!

ZUL-JALOLI VAL-IKROM

Yo, Zul-Jaloli val-Ikrom,
Dardli borki, Sen akrom,
Og’ir kunda Senga sig’indik,
Sihat yashahs qil in’om!

AL-MO’QSIT

Sahar uyg’onaman dilimda noming, yo, Mo’qsit,
Sajdaga borganda yo’limda noming, yo, Mo’qsit,
Vaqt ila savashib keladi oqshom, yo, Mo’qsit,
Uyquga ketaman tilimda noming, yo, Mo’qsit!

AL-JOMIY

Bor aylading osmonni, yo, Jomiy,
Bor aylading insonni, yo, Jomiy,
Osmon uchun Quyoshni, Inson uchun, yo, Jomiy,
Yor aylading Qur’onni, yo, Jomiy!

AL-G’ANIY

Yo’qdan borman-Sening ulking, yo, G’aniy,
Nafas olsam, Sening mulking, yo, G’aniy,
Kitobingni ko’zga surib, labga bosdim, yo, G’aniy,
Komil ruhim-Sening xulqing, yo, G’aniy!

AL-MO’G’NIY

Kim kanbag’al, kim boydir, yo, Mo’g’niy,
Kim yulduzu kim oydir, yo, Mo’g’niy,
Farmon Sendan keladur, yo, Mo’g’niy,
Kim kamonu kim yoydir, yo, Mo’g’niy!

AL-MONIY

Murodiga yetmasa qazosi o’zidadir, yo, Moniy,
Aybi muqarrar bo’lsa jazosi O’zingdandir, yo, Moniy,
Tavbasiga tayansa, niyati sahih ekan, yo, Moniy,
Murodi hosil bo’lar, sazosi o’zidadir, yo, Moniy!

AD-DORR

Ham foniyda, ham boqiyda noring bor, yo, Door,
Ham zaminda, ham osmonda yoring bor, yo, Dorr,
Sen istasang g’azabingdan kimsa qochib qutulmas,
Ham beshikda, ham tobutda doring bor, yo, Door!

AN-NOFI

Yaxshi istab, yomon bo’ldim, yo, Nofi!
Rangi-ro’yi somon bo’ldim, yo, Nofi!
Qo’llarimni ko’kka ochib, yo, Nofi!
Hukming ila omon bo’ldim, yo, Nofi!

AN-NUR

Og’ochmidim, yona-yona kul bo’ldim, yo, Nur,
Oltinmidim, so’na-so’na pul bo’lay, yo, Nur,
Munavvar nur quchog’ida yaraldim, yo, Nur,
Inson bo’lay, Senga sodiq qul bo’lay, yo Nur!

AL-HODIY

Hidoyatsiz ko’cha-kuyda dol edim. yo. Hodi,
Qomat alif aslida bir zol edim, yo Hodi,
Lutfing ila shaytonlardan qutuldim, yo, Hodi,
Bugun inson, kecha asli loy edim, yo, Hodi!

AL-BADIY

Bir tomchidan mukammal jon yaratding, yo, Badiy,
Bir donadan nasiba-non yaratding, yo, Badiy,
Qullaringga ishonch seli yog’dirib, yo Badiy,
Har birini xalifa-xon yaratding, yo, Badiy!

AL-BOQIY

Yomondan dog’, yaxshidan bog’ qoldirding, yo, Boqiy,
Guldan tikan, ummondan tog’ qoldirding, yo, Boqiy,
Sen buyursang foniy baqo bo’lg’uvsi, yo, Boqiy,
Insondan nur, shaytondan zog’ qoldirding, yo, Boqiy!

AL-VORIS

O’tmishim Sen, kelajagim ham O’zing, yo, Voris,
Hadaf olib yelajagim ham o’zing, yo, Voris,
Kimsa mendan hisob so’rab tolmasin, yo, Voris,
Men hisobni berajagim ham O’zing, yo, Voris!

AR-RASHID

Zamin tunga bo’yalganda, Sen kelasan, yo, Rashid,
Ko’zim kunga bo’yalganda, Sen kelasan, yo, Rashid,
Yo’l yo’qotib singanimda chil-chil bo’lib,
Qalbim xunga bo’yalganda, Sen kelasan, yo, Rashid!

AS-SABUR

Sabr tagi oltin, deydi bobolar, yo, Sabur,
Sabr so’ngdan oldin, deydi bobolar, yo, Sabur,
Sening sabr saltanating ummondir, yo, Sabr,
Sabr haqdin olgin, deydi bobolar, yo, Sabur!

AL-AHAD

Seni ikki, degan tilllar lol bo’lar, yo, Ahad,
Seni yo’qdir, degan ilm fol bo’lar, yo, Ahad,
Sen Vohidsan, lam yalid valam yulad,
Seni xayol degan kimsa mol bo’lar, yo, Ahad!

ALLOH

Alloh, Seni sevoldim, go’zal tano kerakmas,
Alloh, Senga sig’indim, mansab mano kerakmas,
Alloh, Seni kuyladim, o’zga ma’no kerakmas,
Alloh, Senga intildim, dorulfano kerakmas!

Istanbul, 1995 yil.

Advertisements

One Response

  1. […] 29.Samarqandni sog’inib […]

Comments are closed.

%d bloggers like this: