JAHONGIR MAMATOV: ANKABUT


Siyosiy latifalar

 

Ankabut (o’rgimchak, tortonak) o’zi to’qigan to’rni dunyo va o’zini bu dunyoning mutlaq hokimi deb bilsa kerakki, markazga o’zidan boshqani yaqinlashtirmaydi. Bechora bilmaydiki bir kuni o’zi to’qigan to’rga o’z oyog’idan osilib o’ladi.

Muallif.

 

1.“XUDONING IShI”

-Chet eldan bir guruh jurnalistlar kelgan, qabul qilasizmi?-deya so’radi maslahatchi Aldarko’sadan.

-O’zlaring tinchitib yuborlaring…

-Biz hamma savollariga javob berdik. Ammo bittasiga javob topolmadik.

-Qanday savol ekan?

-Sizni qachon ketadi deb so’rashmoqda.

-Mana senlar javob berolmabsizlar. Men ham javob berolmayman. Bu Xudoning ishi, biz bandalar uning ishiga aralasha olmaymiz.! (6-9-2007).

 

2.ARVOHLAR

Marg’ilon shahrining 2000 yillik yubileyini nishonlash uchun bu shaharga kelgan Aldarko’sa maslahatchidan so’radi׃

-Nima, bu arvohlar shahrimi?

-Yo’g’e, bu erda arvoh nima qilsin?

-Agar arvoh bo’lmasa, nega bu erda bitta ham odam yo’q!

-O.. demak, arvohlarni ko’rib, qochib ketishgan bo’lishsa kerak. (6-9-2007).

 

3.YuBILEYLAR

-Har kuni bitta joyda yubiley o’tkazayapsiz, tinchlikmi?-deya so’radi safardan qaytgan Aldarko’sadan xotini.-Xiva, Buxoro, Qarshi, Termiz, Shahrisabz, Marg’ilon..

-Yubiley degani to’y, har birimizni to’yga etkazsin! Keyingi paytda Xudoga juda ishonib qoldim. Yotaman-turaman Xudo deyman. Xudoning xoxishi bilan endi Qo’qon, Andijon, Namangan, Axsikentning yubileyini qilamiz.

-Lekin yoshingiz etmishga etdi, etmish-ketmish deganlar…

-Unaqa gaplarga ishonsang “saksondan sakrab o’tish”, “to’qson bilan to’qnashish”, “yuz bilan yuzlashish” deganlari ham bor ekan. Mana, keyingi nutqimda bu haqda maslahatchim shuni yozib qo’yibdi!

-Lekin peshonangizda nimani yozib qo’yibdi?

-Nima yozibdi? Kim yozgan? Kimning meni peshonamga yozishga haqqi bor! Onasini ko’rsataman! Oyna qani? (6-9-2007).

 

4.DA’VAT

Zerikib o’tirgan Aldarko’saga׃

-Qanday yangiliklar bor ekan?-dedi xotini.

-Yangi hayvonot bog’i ochilishiga da’vat qilishgan.

-Qanaqa hayvonlari bor ekan?

-Dunyodagi eng vahshiy hayvonlarni bir joyga yig’ishmoqda.

-Boradigan joy qidirayotgan edingiz. Qani, ketdik! (6-9-2007).

 

5.QIRG’INBAROT

-Amerikaliklar yangi qurol ixtiro qilib, “Bu shu paytgacha ishlab chiqarilgan hamma qirg’inbarot bombalarning onasi” deb atashgan edi. Mana endi ruslar o’zlari tayyorlagan yangi qurolni “Bu shu paytgacha bo’lgan hamma qirg’inbarot bombalarning otasi” deb atashmoqda,-dedi maslahatchi Aldarko’saga.

-Biz ham o’zimiznikini yarataylik.

-Bo’ldi… Nomini nima deb qo’yamiz?

-“Ona”si bor… “Ota”si bor. Demak, bizniki qirg’inbarot qurollarning qizi! (14-9-2007).

 

6.QALAMPIR

-Abdulla Qahhorning 100 yilligini nishonlash haqida o’zingiz qaror chiqardingiz. Lekin nega haykalini ochishga bormadingiz?-deya so’radi xotini Aldarko’sadan.

-Borgim kelmadi-da..

-Hammaga achchiq qalampir qo’yib yurgan deyishadi. Tili achchiq ekan, balki shundan…

-Nima qipti, yozuvchi odam, tili achchiq bo’ladi…

-Unday demang, dadasi, bugungilar eshitib qolishlari mumkin…

-Parvo qilma, bugungilarning tili shirin, shunday bo’lgandan keyin qalampirlari ham shirin-da!

-Eb ko’rgandek gapirasiz-a?! (17-9-2007).

 

7.NARSA

-Mana saylov kampaniyasini e’lon qilmoqchimiz, lekin o’zingiz qolmasangiz bo’lmaydi,-dedi Aldarko’saning huzuriga kirgan maslahatchilarning onaboshisi.

-Nima uchun?

-Agar siz ketsangiz keladigan odam bizni eb yuboradi…

-Nima, eyishga boshqa narsa yo’qmi?

-Har holda…

-Alixo’ja, Valixo’ja emasmi? Men qolsam ham sizlarni eyman!

-Yo’g’e…

-O’zlaring aytib turibsanlar-ku, eyishga boshqa narsa qolmadi deb! (18-9-2007).

 

8.TAShABBUS

-Saylov kampaniyasini boshladik, bu sassiq chollarning pensiyasiga qo’shimcha qo’shib berdik, lekin o’zlaridan bilib nomzod ko’rsatish haqida tashabbus bilan chiqmayatilar….-deya shikoyat qildi saylov komissiyasining raisi Aldarko’saga.

-Ularga pensiyani kim berdi?

-Siz…

-Ha, biz berdik. Demak, tashabbusni ham kim berishi kerak?

-Biz…

-Unutma odam etmishga etdimi faqat olishga yaraydi. (18-9-2007).

 

9.GO’ZAL

-Saylovoldi propagandasini chetdan boshlatdik. Mana bugun siz haqingizdagi targ’ibotni fergana.ru boshlab berdi,-dedi maslahatchi A. Xo’jaev nomidan Internetda e’lon qilingan yig’indini Aldarko’saning stoli ustiga qo’yarkan.

Uni qarab chiqqan Aldarko’sa׃

-Buning hammasi men aytgan gaplar-ku! Nutqlarimdan tsitatalar keltirishdan boshqa gap yo’q-ku bu erda? Bu qanaqasiga propaganda bo’lsin?-dedi.

-Siz haqingizda o’zingizdan boshqa hech kim qoyil qilib gapirib berolmaydi-da! Har kim o’z so’zi bilan go’zal!

-Unday bo’lsa nega o’zimni go’zal qilib ko’rsatish uchun embrion ukol olib ovora bo’layapman? (19-9-2007).

 

10.NOMZODLAR

-Saylovni e’lon qilib, baloga qoldik,-dedi maslahatchi Aldarko’saga.

-Nima bo’ldi yana?

-E, qalang’i ham, qasang’i ham nomzod bo’lmoqda. Bu ketishda 27 million odamning hammasi nomzod bo’ladi, shekilli?!

-Qo’y, indama, bo’laversin, ilojini topsang o’zing ham bo’l!

-U holda sizga kim ovoz beradi?

-Esingdan chiqdimi, oldingi saylovda nomzod kimga ovoz bergandi? (19-9-2007).

 

11.BIROV…

-Xalq qaysi sohadan norozi?-deya so’radi Aldarko’sa maslahatchidan.

-Nafaqalar…Tibbiyot…

-To’xta! To’xta! Hammasini qayta quramiz, ammo bittadan boshla. Darhol Farmon tayyorla. Tibbiyot sohasida maoshlarni oshiramiz. Yangi uskunalar beramiz. Davolashni bepul qilamiz. Bu sohaga millirad-millirad pul ajratamiz.

-Menimcha buni yozib, bugunoq e’lon qilish kerak?

-Nega?

-O’zingiz xalq norozi bo’lgan hamma sohalarni qayta quramiz dedingiz. Saylovgacha esa oz qoldi. Har bitta sohani qayta qurishni har kuni e’lon qilib borsak ham kun etmay qoladi.

-Unday bo’lsa ikkitadan e’lon qil!

-Lekin bajarilishi qanday bo’ladi?

-Buni sendan birov so’rayatimi? (19-9-2007).

 

12.ASLIDA

Saylovda nomzodlarni besh-oltita qilib yuborsakmikan?-dedi Aldarko’sa maslahatchiga.

-Yo’g’-e. Unda archa bayram bo’lib ketadi.

-Yaxshi emasmi? Saylov yangi yil oldidan. Buning ustiga Qorbobo o’rtada, hammaga ko’rinib, xo’rozqand ulashib turadi…

-Xo’rozqandga intilganlardan bittasi soqolingizni yulib olsa, besoqol ko’rinib qolmaysizmi?

-Nima, aslida soqolliman-mi? (20-9-2007).

 

13.LEKIN…

Putin telefon qilib Aldarko’sani tabrikladi.

-Nima bilan?,-ajablandi Aldarko’sa.

-Qayta saylanganingiz bilan-da!

-Hali nomzodimni qo’yganim yo’q-ku.

-Saylov qachon o’tishini e’lon qildingiz, bas-da!

-Lekin odamlar qo’zg’alib qolsa nima qilaman.

-Unaqa , lekin-pekin deb yurmang.

-Yo’g’e, Moskva turganda Pekin deyman-mi? (20-9-2007).

 

14.ALDARKO’SANING

SAYLOVOLDI DASTURI

 

1.Agar men nomzod bo’lsam׃

-Bi-Bi-Si radiosining o’zbek bo’limini qayta ochaman.

-“Ozodlik”ni ham qaytarib olib kelaman.

-Muxolifatga o’ziga yarasha joy beraman.

2. Agar men prezident bo’lsam׃

-Bi-Bi-Sini yana o’zimizga ishlataman.

-“Ozodlik” har doimgidek bizning minbarimiz bo’lib qolaveradi.

-Hammayoqni jannat qilganim uchun muxolifat degan narsa bo’lmaydi. (21-9-2007).

 

15.QAERGA?

-Putin haqida karikatura chop etgani uchun “Saratovskiy reporter” degan gazetani yopishayotgan ekan,-dedi maslahatchi Aldarko’saga.

-Ko’rdingmi, senga oldin ham aytgan edim, u o’zini payg’amabardek his qilmoqda.

-Lekin oz qoldi, yaqinda ketadi.

-Yo’q, u bilan o’ynashib bo’lmaydi, u yana qaytib keladi.

-U paytda biz ketgan bo’lamiz.

-Kallang joyidami qaerga ketgan bo’lamiz, qaerga!?

-…

-Sendan so’rayapman, qaerga, ayt iblis, qaerga, qaerga?

-Uff.., o’sha “qaerga”dan “qa”sini olib tashlang, bilib olasiz! (21-9-2007).

 

16.ZONA

-Rossiya erkin iqtisodiy zona tashkil qilmoqchi. Biz ham kiramizmi?-deb so’radi maslahatchi Aldarko’sadan

-Axmoq bo’ldingmi?

-O’zingiz kiramiz degan edingiz-da.

-Yo’q! Seni kiritaman. Ana, Gvardeyskaya ko’chasida yuqori lavozimli davlat amaldorlari uchun yangi zona qurayapman. (23-9-2007).

 

17.INSOF

– Nega siz erkinlikka yo’l bermayapsiz? Qachongacha diktator bo’lib o’tirasiz?-deb so’radi xorijlik jurnalist Aldarko’sadan.

-Kim aytdi sizga buni? Agar men diktator bo’lib o’tirsam, istagan odam chiqib, men prezident bo’laman, deb dasturini tarqatar edimi? Ana atrofga qarang, allaqachon yigirmaga yaqin odam prezident bo’laman, deb yuribdi. Birortasini qamadim-mi?

Urdim-mi? So’kdim-mi, insof bilan gapiringda.

-Lekin oldin sizga muqobil nomzod bo’lgan odam sizga ovoz bergan bo’lsa ham saylovdan keyin uni yo’qotib yubordingiz-ku?

-Birov unga nomzod bo’lsin degan edimi? (24-9-2007).

 

18.KEYINGI

-Nyu Yorkda nima gap? -deb so’radi Aldarko’sa maslahatchidan.

-Bizga aloqasi yo’q. BMT havo kirlanishi masalasini muhokama qilmoqda. Bizda esa havo top-tozza.

-Turkmanistonning yangi rahbari ham boribdimi? Uni Vashingtonga ham chaqirishibdi-mi?

-Ha, bilasizku, o’lib ketgan Turkmanboshini oxirida bir tiyinga ham olmay qo’yishgandi. Endi bunisi ozgina demokratik qadam tashlagandi, darhol unga karomat ko’rsatishmoqda.

-Ammo biz ham demokratik odimlar otayapmiz, mana saylovni e’lon qildik, lekin shunga qaramay butunlay teskari bo’lib olishdi.

-Butunlay emas… menimcha bizning ham keyingi rahbarni albatta Vashingtonga chaqirishadi.

-Unday bo’lsa, saylovdan keyin borar ekanmiz-da! (24-9-2007).

 

19.YO’LDOSh

-Har bitta nomzodga bittadan mushuk hadya qil, yonlarida olib yurishsin,-dedi saylov kampaniyasiga chiqqan Aldarko’sa o’zi bilan yonida olib yurgan maslahatchisiga.

-Nega?

-Artistlar yo’ldosh bo’lsin deya yonlarida mushuk olib yuradilar. Prezidentlar esa yonlarida it olib yuradilar. Shuni ham bilmaysanmi? (26-9-2007).

 

20.PALIDTEXNOLOG

-Siyosatchi o’zini maqtashi mumkinmi, yo’qmi?-deb so’radi maslahatchi Aldarko’sadan.

-Mustaqillikning 16 yilligi munosabati bilan o’qigan dokladimga sha’ma qilayapsanmi?

-Yo’q, Sizning mohir polittexnolog bo’lib qolganingizga sha’ma qilayapman.

-Sen tilni bilasanmi, o’zi? Polit yozilgani bilan palid deyiladi, palidtexnolog!

-Palid?

-Ha, ha, palid!

O’zbek tilini bilmaganlar uchun izoh׃

1. Palid- juda ham kir narsa.

2. Palid-yaramas, qabih, ablah odam. (27-9-2007).

 

21.YO’G’-E!

Buni qara, haligi yo’qolib ketgan mullaning xotini, o’g’li, nevarasi halokatga uchrab, olamdan o’tibdi,-dedi qarib qolgan Aldarko’sa maslahatchisiga.- Tangri ham haddan oshganlarni yoqtirmaydimi, deyman.

-O’tganlarni o’zi rahmat qilsin. Lekin Tangri yaxshi odamlarni tezroq chaqirib oladi deyishadi.

-Unday bo’lsa, nima, men yomon odam bo’ldim-mi?

– Yo’g’-e, aslida ularni emas, sizni chaqirishi kerak edi. (28-9-2007).

 

22.BIRMA O’RNAGI

-Ba’zilar “Birma o’rnagi -O’zbekistonga” deb baqir-chaqir qilmoqdalar,-dedi maslahatchi Aldarko’saga.

-Birma?

-Hozirgi nomi Myanmar, Birma bu oldingi nomi…

-Nomi bilan nima ishim bor? U erda nima gap?

-U erda dindorlar bilan demokratlar birlashib, hukumatga qarshi namoyishlar qilishmoqda. Hukumat esa ularni tanklar bilan bostirmoqda.

-Saylov oldidan hamma istak-talablarni joyiga keltirishimiz kerak. Shuni istayotgan bo’lsalar, marhamat, vazirga ayt, tanklarni ko’chaga olib chiqsin! (29-9-2007).

 

23.ITFE’L

-Buni qarang, qiziq narsani yozishibdi,- dedi maslahatchi Aldarko’saga.

-Nimani yozishibdi?

-Kim doim qaysi hayvonning go’shtini esa, fe’li o’shanaqa bo’lib qolarkan. Odamlarimiz qo’y go’shtini sevadi. Qo’ydek yuvosh. Doim cho’chqa, tovuq go’shtini eganlarga qarasangiz ham o’xshashlik topasiz. Hatto it go’shti…

-Darvoqe it go’shti deganingga yodimga tushdi. Qo’yliqda ajoyib restoran bor edi. It go’shtidan oqat qilardi. Dunyodagi eng shirin go’sht, deb borgan edik. Shunga ham 15 yil bo’libdi. Ja, yoqib qolgandi, haliyam o’sha restoran joyida turganmikan?

-O’rnida boshqa narsa qurishgan?

-Nega doim menga bir narsa yoqib qolsa yo’qotasanlar? Hayvonlar, itdan tarqaganlar, sen itlar odam bo’lmadinglar, nega shunday restoranni yo’qotasanlar?!

-E, yo’qotganimiz yo’g’-e, o’sha paytning o’zidayoq tag-tubi bilan saroyga ko’chirib keltirgandik! (30-9-2007).

 

24.KURASh

-Nomzodlarni ko’paytirib nima qilasiz?-deya so’radi Putin Aldarko’sadan.

-O’zimning ishtiyoqim yo’q, xalq bo’lsa zerikkan, saylovda kurash bo’lishini istamoqda, shuning uchun partiya raislari kurashsinlar deb ularga yo’l ochib berdim.

-Nahotki ketishga qaror qildingiz?

-Ketish emas, kurash deyapman.

-Tushundim, lekin qolish uchun kurashmoq kerak!

-Bizda ketish uchun kurashiladi…(1-10-2007).

 

25.O’YIN

-Matbuotni kuzatayasan-mi?-dedi Aldarko’sa maslahatchiga.

-Ha, hamma gazetalarimiz sizni maqtab turibdi

-E, o’zimining sariq chaqaga arzimaydigan qog’ozlarni so’rayotganim yo’q. Internetda nima gap? Odamlarni eng qiziqtirayotgan narsa nima?

-Saylovda qanday o’yin ko’rsatasiz? Bugun hammani qiziqtirayotgan savol mana shu.

-Odamlarga o’yin bo’lsa, bas. Oldingi o’yinlarim juda yoqqanga o’xshaydi. Bo’pti saylovda ham “Lazgi”ga o’ynaymiz. (2-10-2007).

 

26.MUNOSABAT

Maslahatchi hovliqib Aldarko’saning huzuriga kirdi׃

-AQSh Eronni bombardimon qilishi mumkin degan gaplar tarqaldi va hamma bunga o’z munosabatini bildirmoqda. Biz nima qilamiz?

-Biz.. aytib bo’ladimi, bittasi adashib bu yoqqa tushib qolsa-chi? Tezda xavfsiz bir joydan bunker qurilishini boshla! (2-10-2007).

 

17.YO’G’ON GAPLAR

-Bo’lajak prezidentlaring bugun matbuot konferentsiyasi qilmoqchi edilar, nima bo’ldi?-deb so’radi Aldarko’sa maslahatchidan.

-O’tdi. Kelgan muxbirlarning bizdagi erkinlik va demokratiyaga og’izlari ochilib qoldi. Ayniqsa nomzodchalar “Bizning o’rtada borligimizning o’zi – demokratiya” deganlari muxbirlarga moydek yoqib ketdi.

-Ko’rdingmi, sen bo’lsang ularni qamab qo’ymoqchi eding.

-Agar hozir ham chizgan chizig’imdan tashqariga chiqishsa qamab qo’yaman!

-Ha, nima bo’ldi, sen ham nomzodmisan? Gaplaring buncha yo’g’on-yo’g’on, xuddi ho’kizning og’zidan chiqayotgan kabi…

-O’zingiz qo’rqmay meni nomimdan gapiraver degandingiz-ku! (3-10-2007).

 

28.QO’Sh HO’KIZ

-Mening nomzodimga munosabat qanday bo’lmoqda?-deb so’radi Aldarko’sa Bosh vazirdan.

-Qaysi biriga?

-Qaysi biri bilan nima ishim bor? Men o’zim haqimda gapirayapman.

-O’zingiz? Siz- bizning nomzod, siz haqingizda biz gapiramiz.

-Xo’p gapir!

-Tabriklayman, yana etti yilga qoldingiz!

-Lekin sen yana etti yilga qololmaysan!

-Nega…?

-Chunki aravani torta olmayapsan.

-Birgalashsak tortamiz, o’zingiz aravani qo’sh ho’kiz yaxshi tortadi deysiz-ku?!

(4-10-2007).

 

29.O’ShA PAYTDA

-Dada, eshittingizmi, Pinochetning xotini va besh bolasi ustidan jinoiy ish ochishibdi,-dedi qizi Aldarko’saga.

-Pinochet tirikmi hali?

-O’lib ketdi-ku, lekin oilasini tinch qo’yishmayati.

-Nega tinch qo’yishmaydi?

-Bankdagi hisoblaridan 24 million dollar pul topilibdi.

-Parvo qilma. Birinchidan, seni puling ularning hammasinikidan ko’p. Ikkinchidan, seniki bankda emas. Uchinchidan, men tirik.

-Lekin o’lganingizdan keyin nima bo’ladi?

-Hozir shunaqa gaplarning vaqtimi? Bor, buni o’sha paytda gaplashamiz. (5-10-2007).

 

30.VAZIFA

-U dunyoda ham bu erdagi kabi tabaqalanish bormi?-deb so’radi Aldarko’sa muftiydan.

-Albatta-da, Boqiyga qabul qilishdan oldin Foniydagi hamma narsaga qaraladi. Ayniqsa Tangri tomonidan berilgan vazifalar qanday bajarilgani sinchiklab ko’rib chiqiladi. Agar bajarilmagan bo’lsa do’zzaxga yuboriladi.

-“Sizga bu vazifa Tangrining in’omi” deb aytgan edingiz. Gapingiz bejiz emas ekan-da. Demak, u dunyoda ham mana shunday o’ringa ega bo’lish uchun bu vazifani oxirgi daqiqagacha bajarishim kerak! (6-10-2007).

 

31.SAF

-Bratan, siz bu erda qilib yuribsiz?-deya so’radi Lukashenko Aldarko’sadan.

-Bu kishiga Rahmon taklifnoma yuborgan, xabaringiz yo’qmidi,-dedi Putin Aldarko’saning o’rniga javob qilib.

Lukashenko yana Aldarko’saga yaqinlashib׃

-Siz partiyalardan nomzodlar chiqarganingizga o’zingiz bu yil nomzod bo’lmaysiz, nihoyat odamlar safiga qo’shilasiz, deb o’ylagandim-da,- dedi.

Yana Putin javob berib qolmasin degan Aldarko’saga darhol׃

-E, yo’q, Sizlarning safingizda qolishga qaror qildim,-dedi. (6-10-2007).

 

32.SAYLOVDAN KEYIN

-Muxolifatdan ham bitta nomzodni ro’yxatga olsakmikan?-dedi maslahatchi Aldarko’saga.

-Qanaqa muxolifat? Hammasini quvib yubordik, degan eding-ku?

-Ha, oralariga odamlarimizni suqib, borgan joylarida ham parchalab tashladik…

-Axmoq, shuni bekor qilibsan. Ularni parchalash emas, birlashtirish kerak edi.

-Nega?

-O’shanda katta kuchga ega bo’lardik va ular boshpana topgan mamlakatlarda ham saylovlarni nazorat qilishni qo’lga olardik, hukumatlariga ta’sir o’tkazardik.

-Ozchilik… Bunga kuchlari etmaydi.

-Kuch bo’lish uchun necha million kerak? Saylovdan keyin jo’natamiz!

-Dollardan-mi?

-Yo’q, dorlardan… (7-10-2007).

 

33.O’ZINGIZ…

-Afg’onistonda o’zbeklardan bir nechasini o’ldirishibdi?-dedi maslahatchi Aldarko’saga.

-Qanday o’zbeklar? Nega o’ldirishadi? Yangi borgan mardikorlar emasmi? Saylov oldidan kerakmidi shu?!

-NATO bombardimoni natijasida O’zbekiston islomiy harakatining 16 ta odami o’libdi.

-Shunday demaysanmi…Tohir ham o’libdimi?

-U Afg’onistonda emas-ku?

-Sen qayoqdan bilasan?

-O’zingiz aytgan edingiz…(8-10-2007).

 

34.SALOMGA ALIK

Tojikistondan xafa bo’lib qaytgan Aldarko’sa hamma maslahatchilarini to’plab׃

-O’ng quloqlaring bilan ham, chap quloqlaring bilan ham eshitib ollaring,-dedi.- Imomali kelganda uni kutib olishga Tashqi ishlar vazirligining qorovulini chiqarasizlar. Kuzatishga esa hech kim chiqmasin. Har qadamda uni kamsitasizlar. Shunday qilasizlar-ki eshakka teskari mindirilganini har daqiqada his qilsin,-dedi.

-Nega? Tinchlikmi?

-Qanday salom bo’lsa, o’shanday alik! (9-10-2007).

 

34.TARBIYa

-Yana nomzod bo’ldingiz. Joningizga tegmadimi, bo’ldi-da bitta joyda shuncha ishlaganingiz,-dedi Aldarko’saga xotini.

-Axmoqvoy, sen yoshligingda ota-onangdan tarbiya olganmisan?

-Bu gapga ularning nima alqoasi bor?

-Mana mening ota-onam har yoqqa sakramasdan, bitta joyda qimirlmay ishlagan odam kamol topadi deb tarbiya berishgan. (9-10-2007).

 

36.MOLBOQAR

Aldarko’sa yangi ishga olingan xizmatchisidan xafa bo’ldi׃

-Sen o’zi ishni bilasanmi, qishloqi ekansan-ku? Qarsangchi, hatto qaysi ovqatni qaerga qo’yishni ham bilmaymasan. Pishirgan narsangda mazza degan narsaning o’zi yo’q. Go’shtni shunday qaynatib olib kelibsan. He, qishloqi! Molboqar! Seni qaerdan topishdi? Qaerda ishlar eding?

-Restoranda edim. Qayoqdan bilay, bu tuzuk ish deb kelsam, molboqarlik ekan. (10-10-2007).

 

37.SOLANA VA SALLANA

-Sen hadya qilgan qo’shiqni eshitib o’tiribman! Lekin ja… yoqdi.

Nursulton shunday deya qo’shiqni balandlatdi.

-Biz tomona qiyo boqib,

Galar sallana, sallana…

Aldarko’sa shartta o’rnidan turib, raqsga tushib ketdi.

Nursulton sekin uning yoniga borib׃

-Avropadan Markaziy Osiyoga kelgan mehmon Solana sha’niga qo’shiq chiqaribsan, zo’r, mana o’ynab ham berding, lekin nega u seni chetlab o’tdi?-dedi.

-Kallang bormi, u Solana, bizdagi so’z esa “salla…na!”.

-O… endi tushundim… senga salla keltirib, “Salla! Na” deb seni musulmon qilishmoqchi! (10-10-2007).

 

38.DAM OLISh

-Ramazon hayitini 12-Oktyabrda qilasizmi?-dedi shayx Aldarko’saga.

-Yo’q! Siz-chi?

-Biz 12-da. Chunki ulamolar shu kunni tavsiya qilishdi, shuning uchun hamma shu kuni bayram qiladi.

-Hamma bilan nima ishimiz bor! Men farmon chiqaraman va dam olish kuni 13-da bo’ladi.

-13-da?

-Ha, chunki 13 raqami yaxshi emas. Shu kuni uyda o’tirishni istayman. (10-10-2007).

 

39.HUR QIZLAR

Xotin qizlar qo’mitasining tashabbusi bilan Davlat mukofotini olgan ayollarning asarlari bir kitobga to’planib, “Hur qizlar” nomi bilan nashr etildi. Qo’mita raisi kitobdan bittasini Aldarko’saga deb olib keldi. Kotib yigit Aldarko’saning huzuriga kirib׃

-Raisa opa keldilar,-dedi.

-Bu erga nega kelibdi?

-“Hur qizlari”ni olib kelibdilar.

-Hmm…Bo’pti… ayt, bitta-bitta olib kirsin! (11-10-2007).

 

40.G’OLIBLAR

-Rossiyaning Krasnodar o’lkasida o’tkazilgan yosh DAN chilar konkursida bizning bolalar g’olib chiqdi,-dedi maslahatchi Aldarko’saga.

-Qanaqa konkursda?

-MDH o’lkalari o’rtasida yo’l harakatlari bilimdonlari, yosh nazoratchilar ko’rigida birinchilikni egalladik.

-Ularning ham yo’l harakatlari qoidalari biznikiga o’xshagan ekanmi?

-Yo’q, butunlay boshqa, har bir mamlakat o’zicha qoida yaratib olgan.

-Unda bizning bolalar qanday g’olib chiqishdi?

-Mardikor ota-onalariga qo’shilib borib kelavergandan keyin, yo’l qoidalari yod bo’lib ketgan-da! (11-10-2007).

 

41.SOYa

-Juda ham ishlagingiz kelsa, boshqa ishga o’ting, zerikmadingizmi bu erda?-dedi xotini Aldarko’saga.

-Nihol bitta joyda ko’karadi?

-Siz ko’karib, qari daraxtga aylandingiz-ku!

-Nima, mazza qilib soyamda yotish yoqmayatimi?

-Menga er kerak, soya emas! (12-10-2007).

 

42.OVOZ

-Komissiya hamma partiyalar va bitta mustaqil nomzodga saylovda qatnashishga izn berdi,-dedi maslahatchi Aldarko’saga.

-Komissiya izn bera olmaydi, iznni mana mendan olasizlar.

-To’g’ri sizdan, lekin rasmiyat uchun, nomigagina komissiyadan ham…

-Unday bo’lsa, nega hammasiga saylovga kirishga izn berdingizlar, nega?

-Sizga ovoz berishlari uchun…

-Nima, menga olti kishi ovoz beradimi?

-Istasangiz yana bir-ikki kishiga ko’paytiramiz. (13-10-2007).

 

43.ONA TILI

-Xozyain, pochemu xalqqa keyingi etti yil haqida ona tilida emas, urus tilida murojaat qildingiz?-dedi Aldarko’saning xotini.

-Men shu xalqning otasi ekanligimni tan olasanmi?

-Ha, odamlarning hammasi tan olib turibdi-ku?

-Shunday ekan, seni bir xursand kilgim keldida mamasi. Agar men bu xalqning otasi bo’lsam, sen onasi, sening tilingda murojaat qildimyu (14-10-2007).

 

44.ZIYoRAT

-Bir Turkmanistonga o’tib kelmoqchiman,-dedi Aldarko’sa xotiniga,- Bilasan, qo’shnichilik ming yilchilik deydilar.

-Ha, ilgari ham Turkmanboshi bilan gaplashganda unga yon qo’shni. jon qo’shni der edingiz. Bechora bevaqt ketdi. Balki uni ziyorat ham qilib kelarsiz?

-Unga shunday deganim bilan, u juda axmoq. kalondimog’ odam edi. Shuning uchun ham uning yoniga bormasdim.

-Bu safar boraqoling! (16-10-2007).

 

45.TOSh OTISh

Aldarko’sa yangi Turkmanboshi bilan eski Turkmanboshi maqbarasini ziyorat qilib yurgan edi, olomonga ko’zi tushdi.

-Bular bu erda nima qilishmoqda?

-Ular bu erga sig’inish uchun keladilar…

Shu payt odamlar Aldarko’sani ko’rib qolib, unga tosh ota boshlashdi.

-Odamlaringni yig’ib olsang-chi!

-Ularga parvo qilmang, ular o’zlarini hajda. Arafat tog’ida deb hisoblashmoqda. (17-10-2007).

 

46.QARZ

-Qalay, yuborgan artistlarim sizga yoqdimi?- deya so’radi Aldarko’sa yangi Turkmanboshidan.

-Rahmat, hammayoq bayram bo’lib ketdi, oldingining o’limidan keyingi azani butunlay unutishimizga yordam berdi.

-Ha barakalla, ana shunday bir-birimizning ko’nglimizni ovlab turishimiz kerak.
-Bu bo’ynimizdagi qarz, sizdan keyin o’lkangizga albatta artistlarimizni yuboramiz… (18-10-2007).

 

47.ERKAKLAR

-Eshitdingizmi qo’shni bugun Benazir Bxutto Pokistonga qaytibdi. Sakkiz yillik muhojiratdan keyin vataniga qaytib, muxolifatga liderlik qilar ekan,-dedi Turkmanboshi Aldarko’saga.

-Yo’g’-e?!

-Ha… Ammo qoyil, mard ekan, ayol boshiga shu ishni qilibdi.

-Qo’ying qo’shni shu haqda gaplashmaylik.

-Qo’rqmang, bizdan unaqa lider chiqmaydi! Bizda hammmasi erkaklar.(18-10-2007).

 

48.BUTUNLAY…

-Biz o’zimizni mashinalarni ishlab chiqarmoqdamiz va dunyo bizga qoyil qolmoqda,-dedi Aldarko’sa Turkmanboshiga.

-Bizning Ahaltekin otlarimiz ham butun dunyoga tarqaldi, hamma qoyil qolmoqda.

-Nima? Qanday otlar?

-Ahaltekin otlar…

-Yarmi aniq, ammo “Ahal” degani nima? “Butunlay” deganimi?(18-10-2007).

 

49.ShUBHA

Aldarko’sa xotiniga o’dag’ayladi:

-Yangi Turkmanboshi yosh, kelishganda-a? Bir daqiqa ham undan ko’zingni uzmading? Unga ko’z tikdingmi?

-O’ling-e! Qarigan chog’imda ham tinch qo’ymaysiz? Mening ko’zim unda bo’lgani bilan uning ko’zi sizda…

-O’zim ham unda bir gap bor deb o’yladim-a?

-Unda emas, sizda bir gap bor! (20-10-2007).

 

50.YoSh O’LLI

Turkmaniston safaridan qaytgandan keyin Aldarko’saning ko’ngli hech yorishmadi.

-Nega buncha xafasiz, dadasi?-deb so’radi undan xotini.

-Nimaga xursand bo’lay?

-Safaringiz yaxshi o’tdi, hatto orden oldingiz…

-O’shandan ko’nglim xira-da. Yana sen yaraga tuz sepganday esimga solding.

-Xursand bo’ling, bu hammaga ham berilmaydi, faqat yoshullilarga, qarilarga beriladi.

-Nima, meni “qari tullak”ka chiqarmoqchimi u?

-Uf… u ham sizni o’liklar safiga qo’shib qo’ymoqchi!

(21-10-2007).

 

51.MOY

-Mamlakatda yog’ etishmay qoldi, odamlar norozi, Bosh vazirdan so’rasam, buyruq sizdan kelganini aytdi,-dedi maslahatchi Aldarko’saga.

-O’zing yog’ni saylov kuniga saqlab qo’yaylik, osh damlaymiz demaganmiding?

-Lekin unda zig’ir yog’i haqida gaplashgan edik…

-Men uchun farqi yo’q, hammasi bir narsa?

-Shunaqami, siz hamma narsani eyishingizni bilmas ekanman…(23-10-2007).

 

52.HO’KIZLAR

-“Havo yo’llari” shirkati juda katta zarar ko’rayotgan ekanmi?-dedi xotini Aldarko’saga.

-Ha, chet elliklar uchqichlarimizga minmay qo’yishibdi…

-Nega minmaydi?

-Men eshakka minib olganimni ko’rib, ular ham uchqichga emas, eshakka minamiz deb turib olishganmish. Agar eshakni ularga bersam, keyin o’zim nima qilaman?

-Nima qilardingiz? Atrofingizni ho’kizlar bilan o’rab olgansizku, shularga minasiz!(23-10-2007).

 

53.”IMZO”

Nega vaqtlaringni sarflab imzo to’plab yuribsizlar?- dedi Aldarko’sa maslahatchiga.

-Saylov bundan ko’ra osonroq tushadi. Ovoz varaqalarini istasang chop etaverasan, istasang kuydirasan, istasang hojatxonaga qo’yasan.


-Lekin odamlarni ham aldab qo’yaylik degandik. Imzolar haqiqiy, hamma bunga ishonadi, chunki o’zlari imzolashmoqda.

-Menga haqiqiy-paqiqiysi emas, natijasi kerak. Natijaga esa millionta emas, bitta imzo qo’yiladi!

-Unday bo’lsa, o’zingiz qo’yasizmi?

-Xabaring yo’qmi, saylov haqida gap boshlanmasdan oldin unga qo’yib qo’yganman! (24-10-2007).

 

ChOP-ChOP

-Mana yana bir marta maoshlarni oshirib qo’ydim. Odamlar bayram qilishayotgandir?-deb so’radi Aldarko’sa maslahatchidan.

-Ha, hamma bozorlarga chopib qolgan…

-Unday bo’lsa bozorlar to’lib toshgandir?

-Lekin qanday chopib kirishsa, shunday chopib chiqishmoqda.

-Nahotki chop-chop boshlandi?

-U yog’i tinchlik, faqat choptirib qo’ydingiz! (24-10-2007).

 

MIRZULM

-Mana Mirshablar kunini tashkil etdik va birinchi marta ular bu kunni bayram qilmoqdalar. Uzundan uzoq tabriknomani olib kelding, unga ham qo’l qo’yib berdim, ammo shu mirshab degani nima o’zi, shuni tushuna olmayapman?-dedi Aldarko’sa maslahatchiga.

-Mir bu Amir degani, shab esa qorong’ulik, zulm degani.

-Unda nega mirzulm deyishmagan?

-Mirzulm bitta bo’ladi, ular esa ko’pchilik….(24-10-2007).

 

ShAY

-Bayram qanday o’tdi?-deya so’radi Aldarko’sa mirshabboshidan.

-Rahmat. Yaxshi o’tdi. Soyangizda…

-Demak yigitlaring bundan keyin ham soyamda turadi?

-Albatta, hammasi shay…

-Qurollari ham shaymi?

-Shay! (25-10-2007).

 

MASLAHAT

-Chet elga odam jo’natmasak xazinamizning tagi ko’rinib qoladi, jo’natsak mahmadana bo’lib qaytishmoqda, hammaga aql o’rgatib, haq talab qiladigan bo’lishmoqda,-dedi vaziri a’zam Aldarko’saga.

-Qaytib kelmas qilib jo’nat!

-Lekin qabul qiladiganlar ham usta bo’lib ketgan. Asosli hujjat talab qilishmoqda.

-Shu ham muammo bo’ldimi? Mana, masalan, bizni tanqid qilishsin, bizga qarshi namoyishga, piketga chiqishsin, biz yomon ko’rgan odamlarni nomzod ko’rsatib, imzo to’plashsin, internetda biz haqimizda jallod deb yozishsin.

-Biz deganingiz sizmi?

-Yo’q, sen! (26-10-2007).

 

O’ZI…

-Xotin nega “vaq-vaq”lab qolding?-dedi Aldarko’sa xotiniga.

-Bosgandan keyin qurbaqa ham “vaq” deydi-da.

-Qurbaqani kim ham bosar edi?

-O’zingiz bosib turibsiz-ku? (26-10-2007).

QARAB TURSIN

 

-“Fidokorlar” qurultoyini o’tkazdimi?- deya so’radi Aldarko’sa maslahatchidan.

-Ha, fidokor Tursunov nomzod.

-Shoshmalaring, Tursunov qarab tursin!

-Erto’la tuynugidan-mi? (29-10-2007).

 

HAQIQIY…

-Shu Amerika klonlashtirishni boshladi-yu hamma o’zining haqiqiy ekanligiga urg’u berishga o’tdi,-dedi maslahatchi Aldarko’saga.

-Qanday?

-Masalan, “Haqiqiy muxolifat…”, “Haqiqiy soyuz…” , “Haqiqiy jurnalist …”, “Haqiqiy vatanparvar…”

-To’g’rida, mana men ham haqiqiy prezident! (30-10-2007).

 

OShXO’RLIK

-ShOSning majlisida biror bir hujjat imzolanadimi?-deb so’radi Aldarko’sa Bosh vazirdan.

-O’zingiz men qatnashmayman, qalamlarni sindirib qo’yinglar, degandingiz, shundan keyin yaxshisi umuman qalam ishlatmaslikka kelishib oldik.

-Unda yig’ilib nima qilasizlar? Shunday ham xazinamiz qurib ketmoqda!

-Oshxo’rlik… Keyin hadyalar almashamiz…

-Hmm…Unda qatnashmasam bo’lmas ekan! (1-11-2007).

 

ORTIG’I BILAN

 

Aldarko’sa Oqposhshoning vaziri a’zamini qabul qildi:

-Ha, kechikib qoldingiz?

-Uchqich kechikdi.

-Tinchlikmi?

-Qaysi kun Harbiy vazirimiz bizning axlatlarni bu tomonga tashish haqida siz bilan shartnoma qilib ketgan ekan, shunga binoan ko’p yuklashibdi, uchish qiyin bo’ldi.

-Lekin vaziringiz mening haqimni bermay ketdi.

-Ortig’i bilan olib keldim dedim-ku! (2-11-2007).

 

YaNGA

-Nega “Uruslarga rahmat, bizdagi zavodidan 30 ta uchqich sotib oldi” deb yozding? -dedi Aldarko’sa vaziriga.

-Ha, endi…

-Zavod bizniki bo’lmasa ham joy va ishchilar bizdan-ku?
-Yo’g’-e, biznikilar Urusiyatda. Zavodda esa hurmatli uruslarimiz ishlashmoqda.

-Nega uruslar degan so’zga buncha urg’u berib qolding?

-Siz ellikta otib dumalab yotganda hokimiyat yangamga o’tib qolmoqda-da (4-11-2007).

 

TOVARLAR

Bugun Aldarko’sa o’z qarorgohida Dubay amirini qabul qildi.

-Aka, sizdan iltimos, shu uchqich reyslarni ko’paytirsak,-dedi amir Aldarko’saga.

-Shunday ham eng ko’p reys Dubaygaku, uka!

-To’g’riku-ya, lekin amira opam yuborayotgan tovarlarga ehtiyoj juda oshib ketgan-da! (5-11-2007).

 

Yo, PARVARDIGOR!

 

Aldarko’sa bugun O’LDP qurultoyiga kirib kelishi bilan ko’zi birinchi qatorda o’tirgan boshqa nomzodga tushdi. Uni yoniga chaqirdi va:

-Sen bu erda nima qilayapsan, bu narsa o’yin planida yo’q edi-ku?-dedi.

-Bor edi, avj parda degan qismi shu nuqtadan boshlanadi.

-Menga yoqmayapti, ket!

-Yo, Parvardigor!

-Nega “parvardigor”lab qolding?

-Juda ham xursand bo’lganimdan, axir o’yindan chiqib ket, dedingiz-ku?!

-Men bu erdan chiqib ket, dedim, o’yindan esa faqat o’lgan chiqishi mumkin.

-Yo, Parvardigor! (6-11-2007).

 

ROZI?

-Tavba qildim, qayoqqa qaramasang, meni “Rozi!”, “Rozi bo’ldi!” deb yozishmoqda! Nega javob qilmaysizlar!-deya o’dag’ayladi Aldarko’sa maslahatchiga.

-Nima deb javob yozaylik?

-To’g’risini yozlaring, bor gapni yozlaring, men o’zim rozi bo’lmadim, mana aytchi, rozi bo’ldim-mi, axir sizlar ko’pchilik bo’lib meni zo’rladilaring-ku! (6-11-2007).

 

QIYNOQLAR

-Xalqaro inson huquqlari tashkiloti bizni qiynoqlar muntazam amalga oshirilayotgan joy deb BMTga yozib beribdi,-dedi maslahatchi Aldarko’saga.

-Ikki kishini ishdan hayda, kerak bo’lganda chora ko’rganimizni bildirib qo’yasan!

-Lekin o’zizmining odamlar ham shu gapni aytishmoqda-da!

-Unday bo’lsa, saylov dasturimga kirit: “Meni saylasangizlar qiynoqlarni to’xtataman”. (7-11-2007).

 

“MILLATNING OTASI”

-Dunyoda qanday yangiliklar bor?-deb so’radi Aldarko’sa maslahatchidan.

-Rossiyada Putinga “Millatning otasi” degan nom berish uchun kampaniya boshlanibdi.

-Ko’rdingmi, hatto Rossiya ham juda masalalarda bizdan ancha orqada! (6-11-2007).

 

XUDOGA BOG’LIQ

-Bu ketishda yana qancha taxtda o’tirasiz?,-dedi maslahatchi Aldarko’saga.

-Sen nima deb o’ylaysan?

-Bir umr o’tirsangiz menga yaxshi-da. Men ham sizning soyangizda kunimni ko’rib yuraman.

-Boshqalar nima demoqda?

-Muxoliflardan bittasi radioga chiqib, sizning “hokimiyatda qolish muddatingizni yana necha yil yashashingiz belgilaydi, deganmush…

-Tezda uni topib orden ber! U bizning odam ekan. Juda to’g’ri gapni aytibdi, mening qancha hokimiyatda qolishim qancha yashashimga bog’liq. Qancha yashashim esa, Xudoga bog’liq! Haqiqatni aytadigan odam topildi-ya, otasiga rahmat, o’zimizga o’xshagan xudojo’y odam ekan! (8-11-2007).

 

XABARSIZ

-Erkinjon seni urib ketibdilarmi?-dedi Aldarko’sa ukasiga.

-Yo’g’-e?

-Mana Marat akang yozgan.

-Unaqa gap yo’q-ku!

-Yashirganingga o’layin-mi? Yoki men urmay qo’yganimni eshitib, boshqalar urib ketayaptimi, urdirishga o’rganib qolding, shekilli!? (9-11-2007).

 

 

KO’RAMIZ…

-Nursulton saylovda ovozlarning 91 foyizini olganini e’lon qilgandi, biz undan orqada qolsak bo’lmas,-dedi maslahatchi Aldarko’saga.

-Kim senga biz orqada qolamiz, deb aytdi!

-Lekin bu safar nomzodlar ko’payib ketdi, har bittasi ikki foyizdan olganda ham Nursultonning orqasiga tushib qolamiz.

-Ko’ramiz, bu o’sha kungi vaziyatga bog’liq, yo orqasiga tushamiz, yo oldiga! (9-11-2007).

 

TUR

Tiniq suvli ummonga kelib qolgan qurbaqa tinmay “vaq-vaq” qila boshladi.

-Kimsan, oting nima?- deb so’radi boshqa qurbaqalar.

-O’zim qurbaqa…otim Aldarchik…

-Bu erga qaerdan kelib qolding?

-Ko’lmakda yashar edim, qurib qoldi, keyin boshim aylanib, ochlikdan o’lay deb yurgandim, oldimdan ummon chiqib qoldi…

-Bu erdan yo’qol, ummonni ham quritasan! Sen qurbaqa emas, quriqbaqasan!

-Unda men “qur-qur” deyishim kerakmi yoki “vaq-vaq” deyishim kerakmi?

-Nahotki o’zing bexabarsan? Seni turing boshqa, suvga kirsang “vaq-vaq”deysan, erda yurganda “qur-qur” deysan.

 

YaNGI DAVR

-Bir-ikkita partiyani ro’yxatdan chiqarib tashla,-dedi Aldarko’sa Saylov komissiyasi raisiga.

-Qaysilarini chiqarsam ekan?

-Hm… masalan, “Fidokorlar” va “Milliy tiklanishni”!

-Bu partiyalarni o’zingiz tuzgan edingiz?

-Qolganlarini kim tuzgan? Unutma, yangi lipberar… e… liberal davrga o’tayapmiz va bu davrda fidokorlaru milliy tiklanishga o’rin yo’q! (13-11-2007).

 

 

SO’M

-Dollarning bozori kasod bo’ldi. Endi menga “evro”dan olib kel,-dedi Aldarko’sa maslahatchiga.

-Hamma yoqda dollar bor, ammo “evro” yo’q…

-Unday bo’lsa, dollar ishlatishni to’xtat, qarabsanki hammayoqni “evro” bosadi.

-“Evro” odamlarga uncha tanish emas, odamlar birdan so’mni jamg’arishga boshlashsa, nima qilamiz?

-Qaniki shunday bo’lsa, qishda gaz muammosidan qutulardik, hammaning sovuqdan o’lmaslik uchun yoqadigan bir narsasi bo’lardi! (13-11-2007).

 

OSh

-Avropa Ittifoqi sanktsiyalarni olti oyga muzlatdi,-dedi maslahatchi Aldarko’saga.

-Nega umuman olib tashlamadi?

-Uncha ahamiyati qolmadi. Olti oydan keyin yana bir kelib ketishadi. Bitta oshda!

-Oshimni eb ketib, bekor qilishmasa-chi?

-E, nima deyapsiz, xo’jayin, sizni oshingizdan keyin hammasi avtomaticheski bekor bo’ladi! (13-11-2007).

 

BIR XIL

-Qurmanbek bugun Yaponiyaga boribdi,- dedi maslahatchi Aldarko’saga.

-Borgan bo’lsa nima qilay?

-Xalq ichida “Bizniki nega unaqa joylarga bormayati?” degan gaplar yuribdi-da.

-Hali yaqinda Koreyaga borgandim-ku!

-Yaponiya bilan Koreyani tenglashtirib bo’ladimi?

-Nega bo’lmasin? Odamlari bir xil-ku?! (14-11-2007).

 

 

KO’RLAR JAMIYaTI

-Ko’rlar jamiyati o’zining 75 yilligini nishonlamoqda. Shunga nomingizdan bitta tabriknoma yuborsakmikan?-dedi maslahatchi Aldarko’saga.

-Necha yilligini?

-75..

-Aqlingni edingmi? Hali yaqinda 16 yilligini nishonlagan edik-ku! (14-11-2007).

 

TIRIK TANA

-Mana o’lim jazosini ham bekor qildingiz, endi qo’rqmasdan pensiyaga chiqib, umringizni qolgan qismini uyda o’tkazsangiz ham bo’lardi,-dedi xotini Aldarko’saga.

-Lekin o’lim jazosini nima bilan almashtirganimizni bilasanmi?

-Ha, o’qidim, bir umrlik qamoq jazosi bilan!

-Shuni bilsang, nimalar deb valdirayapsan?

-E… siz yana bitta umr yashamoqchimisiz? Yoki Xudoning Konstitutsiyasini ham chetlashning yo’lini topdingizmi?

-Topsam ham senga aytmayman!

-Nega aytmaysiz?

-Chunki yana menga dum bo’lib, likillab yurasan!

-Agar shu dumingiz likillamasa, o’lik tanaga aylangan bo’lardingiz! (15-11-2007).

 

MUSTAQILLIK

-Kecha o’z nutqida Imomali Rahmon “Tojikiston boshqalar qo’lida qo’g’irchoq edi” degan gapni aytdi,-dedi maslahatchi Aldarko’saga.

-Endi-chi?

-Endi mustaqil ekan!

-Bu cho’pchakni tajribamdan ko’p narsani biladigan – menga emas, xolasiga aytsin! Tojikiston nomiga mustaqil bo’lishi mumkin, ammo Imomali mustaqil emas! Urusning qo’lida qul-ku!

-Yo’g’-e mana yaqinda otini o’zgartib oldi-ku, hatto!

-Men ham istasam eshagimni almashtirib olishim mumkin! (16-11-2007).

 

YoLG’ONChILIK

-EXHTni saylovga taklif qilmasak nima bo’ladi?-dedi Aldarko’sa maslahatchiga.

-Ana u sanktsiyalarni yana tiklashadi!

-Lekin saylov erkin bo’lmadi, deb ketishsa-chi!

-Bir amallab og’izlaridan iliq gap chiqaramiz!

-Og’izlaridan ilon chiqsa chiqadi, ammo iliq gap chiqmaydi! Ular bizga o’xshab yolg’onchi emas!

-O’zingizni buncha pastga urmang, xo’jayin, ular ham yolg’onchilikda bizdan qolishmaydilar! Mana, Rossiya saylov oldidan ularga viza bermay qo’ygandi, ular bo’lsalar “biz bosh tortdik” deb jar solishmoqda!

-Shuni oldini olib “Biz bosh tortdik” desak-chi?

-Evropaga borishdanmi? (17-11-2007).

 

BAYROQ

-Bugun Bayroq kuni bo’lgani uchun bir narsa so’ramoqchi edim,-dedi maslahatchi Aldarko’saga.

-So’ra!

-Bayroqdagi 12 ta yulduz nimaning ramzi?

-Otangga balli! O’zgartirish esimdan chiqib ketibdi! Tezda qonun loyihasi tayyorlab yulduzlar sonini 14 taga etkaz.

-14 taga?

-Ha, bu yil saylansam, bu yangi qonun bo’yicha birinchi marta bo’ladi, demak yana bir marta saylanishim mumkin. Hammasi 14 yil…

-Lekin keyin nima qilamiz?

-Uf… buncha axmoqona savollar berasan! Nima qilarding? Dard qilasan, balo qilasan, kafan qilasan! (18-11-2007).

 

TEMBOLEE!

 

Maslahatchi kundalik yangiliklar haqida Aldarko’sani xabardor qilar ekan, dedi:

-Urusiyatdagi ishbilarmon Usmonov “Mening prezidentlikka ishtiyoqim yo’q”, debdi.

-Putin o’z o’rniga odam tayinlab bo’lgandan keyin, bunaqa deydiganlar ko’payib qoldi. Putinning o’rnida o’tirish uchun juda katta orqa kerak!

-U Putinning emas, sizning o’rningizni nazarda tutgan!

-Tembole! (18-11-2007).

 

KOBZON

-Kommunist ashulachi Iosif Kobzonga mamlakatimizga kelib, kontsert qo’yishi uchun ruxsat bermaganingizga o’zi ham juda xafa va boshqalar ham buni katta gap qilishmoqda,-dedi maslahatchi Aldarko’saga.

-Boshqalar meni qiziqtirmaydi, lekin u parikli cholning o’zi nima debdi?

-Sizni eski kommunist debdi.


-Rahmat unga, bor gapni aytibdi.

-Unda nega ruxsat bermadingiz?

-Kontsertlarni xo’jayini opang ekanligini yaxshi bilasan. Shunday ekan, qoidani bilsin, uni bosib o’tib, menga kelmasin! (18-11-2007).

 

QULDORLIK

-Mamlakatimiz kelajagini qanday ko’rasiz?-deb so’radi maslahatchi Aldarko’sadan.

-Qirollik…

-Qirollik va demokratiya bir-biriga mos tushmaydi-ku!

-Nima, sen ham Nursultonga o’xshab nasroniylik oliygohi professori bo’lding-mi? O’zligingni bil! Biz qaerga qarab sajda qilamiz? Arabistonga!

-Unda nega qirollik rejimiga hozirdan o’tib qo’ya qolmaymiz?

-Sanlar tarixni ham bilmaysanlar, avval quldorlik, keyin qirollik! (23-11-2007).

 

SAYLOVDAN KEYIN

-Nomzodlarga saylovdan keyin ish beramizmi?-dedi maslahatchi Aldarko’saga.

-Ha, bittasini Majlisga, ikkinchisini Senatga rais qilib qo’yamiz.

-Uchinchisini-chi?

-Uni muxolifatga rahbar etib tayinlaymiz! Keyin unga Bosh vazirlikni beramiz!

-Bosh vazirni nima qilamiz?

-Bo’sh vazir!

-Demak ulkan o’zgarishlar bo’lar ekan-da!

-Ha, xalqqa non-tuz berma, buni chet eldan ham topadi, kerak bo’lsa seni ham boqadi, unga ulkan o’zgarishlar qilib bersang, bas!

-Zo’r xalqimiz bor-da! Bir umr u bilan yonma-yon yashash nasib etsin!

-Shoshma, saylovdan keyin! (24-11-2007).

 

GUNOHLAR

-Dadasi bir hajga borib-kelsangizmikan? – dedi xotini Aldarko’saga.

-Aqling joyidami, hajda nima qilaman?

-Yoshingiz bir joyga etib qoldi, gunohlaringizni yuvib kelsangiz bo’larmidi? Juda yomon tushlar ko’rayapman-da!

-Sabr qil, keyin bira to’la boraman! Hozir borib-kelsam, saylovdan keyin yana borishim kerak bo’ladi? (26-11-2007).

 

NAVOIY TOMON

-Oyog’i kuygan tovuqdek tipirchilab qoldingiz, bugun yo’l bo’lsin?-dedi xotini Aldarko’saga.

-Afg’on tomonga borib keldim. Xudoga shukur! Endi Navoiy tomonga borayapman.

-Qaysi Navoiy? Alisher Navoiymi?

-Ha, nima, mingta Navoiy bormidi?

-Menimcha bekorga urinayasiz, uning yonida sizga joy bo’lmasa kerak?! (28-11-2007).

 

MU- QOBIL

Viloyatdan tili osilib qaytgan Aldarko’sa maslahatchidan so’radi׃

-Narigi nomzodlarning uchrashuvlari tinchmi, odamlarda norozilik yo’qmi?

-Bor, odamlar juda norozi!

-Tezda o’sha norozilarni ushlab qamoqqa tiq!

-Berdisini aytguncha o’ldirib yuborasiz-a, xo’jayin. Ular sizga qarshi chiqqan nomzodlar borligidan norozi.

-Qaysi nomzod menga qarshi chiqdi?

-Qarshi emas, muqobil demoqchi edim…

-Muqobiling nimasi?

-Qobil nomzod degani.

-Unda “mu”sini nega qo’shasan?

-O’zingiz bizni “mu”-“mu”latib qo’ygansiz-da… (29-11-2007).

 

AVFU NOUMUM

-Avfu umum haqidagi hujjatni qabul qildik, endi kimlarni qamoqdan qo’yib yuborishni o’zingiz hal qilib bersangiz?-dedi maslahatchi Aldarko’saga.

-Birinchidan, avfu umum emas, avfu noumum. Chunki amnistiya hammaga tegishli bo’la olmaydi. Ikkinchidan, hozir birovni qo’yib yuborsak, saylov kuni tartibbuzarlik qilishi mumkin.

-Odatimizga ko’ra, Konstitutsiya kuni oldidan …

-Bo’pti, qabul qilingani haqida xabar beraver, ammo qolgan gapni saylovdan keyin ko’ramiz.

-Undan keyin tug’ilgan kuningiz bor…

-Shoshadigan joyi yo’q, o’shandan keyin ko’rib chiqamiz.

-Keyin Navro’z bayrami kelib qoladi.

-Ha, undan keyin 13-may ham bor. Yaxshisi kimning chiqib – chiqmasligini kelasi yil shu paytda ko’ramiz, ungacha yo Afandi o’ladi, yo eshagi. (30-11-2007).

 

TAJRIBA

Aldarko’sa Oq poshshoga sim qoqdi:

-Tajribamdan kelib chiqib aytadigan bo’lsam, saylovda Sizning tarafdorlaringiz yutib chiqqani bilan tabriklayman!

-Qayoqdan bilding mening tarafdorlarim yutganini?

-Tajrimabdan kelib chiqib aytadigan bo’lsam, bizdan ketgan ovozlar yuz foyiz siz tomonga bo’lganini shaxsan o’zim ko’rib chiqdim.

-Sendan keladigani ummondan tomchi ham emas.

–Tajrimabdan kelib chiqib aytadigan bo’lsam, tomchida quyosh aks etadi.

-Kimning quyoshi?

–Tajrimabdan kelib chiqib aytadigan bo’lsam, ikkalamizniki.

-Ikkalamizniki qanday qilib bitta tomchiga, bitta joyga sig’adi?

-Tajrimabdan kelib chiqib aytadigan bo’lsam, bittamizniki oldidan, ikkinchimizniki orqasidan! (2-12-2007).

 

YIRTIQ OG’IZ

Aldarko’sa bugun Qoraqalpoq elida edi.

-Bugunga kelib hech kim “Orol!” demaydigan bo’ldi. Bu juda katta o’zgarish. Esingizdami, bundan 16-17 yil oldin hamma “Orol!”, “Orol!”, der edi. Matbuotda ham “Orol!”, chet eldagilarning ham topgan gapi -“Orol!”, hatto mening ham og’zimda “Orol!” edi, -dedi u saylovchilarga qarata.

-Shunday katta Orol og’zingizga qanday siqqandi?-deb so’radi bir yigit.

Bundan Aldarko’saning jahli chiqdi va ׃

-Shu gaping uchun hozir og’zingni yirtib qo’yaman, keyin yirtiq og’izga nima siqqanini o’zing ko’rasan!-dedi. (3-12-2007).

 

MAL’UN AKADEMIYaSI

Bugun Aldarko’sa Xorazmda o’z muxlislari bilan uchrashdi. Muxlislari uni rosa maqtashdi. Keyin u׃

-Bu erda o’n asr muqaddam tashkil etilgan Ma’mun akademiyasi Sharqning eng yirik ilm-ma’rifat maskanlaridan biridir. Xorazm vohasidan etishib chiqqan Abu Muso al-Xorazmiy, Pahlavon Mahmud, Najmiddin Kubro, Jaloliddin Manguberdi singari buyuk bobolarimiz bilan xalqimiz haqli ravishda faxrlanadi,-deb Xorazmdan qaytar ekan u maslahatchiga yuzlandi׃

-O’n asr oldin Ma’mun akademiyasi tashkil etilgan ekan, mana bugun biz gapirib yuribmiz, 10 asr keyin biz yaratgan akademiya haqida ham gapirishlari turgan gap. Lekin bizning akademiyani qanday atashar ekan-a?

-Menimcha, Mal’un akademiyasi deb atashsa kerak! (4-12-2007).

 

KIRDI-ChIQDI

Aldarko’sa o’pkani quchoqlab yugurish marafonining Samarqand bekatiga etib keldi. Nafasini rostlab olib, saylovchilarga yuzlandi׃

-Avvalo sizga mamlakatimizning kirdi-chiqdilari haqida gapirsam… Keyin chet elga ketib qolish tufayli ko’paygan kirdi-chiqdilar haqida to’xtalsam.. Undan keyin… Ha, darvoqe, saylov kuni bayram qilinglar, o’zingizni kirdi-chiqdi ishlaringiz bilan band bo’linglar, ovora bo’lib saylov uchastkasiga borib, vaqtingizni sarflab yurmang,-dedi.

-Boraman, bitta yarim adashib kelib qolganga “Qani ichkariga chiqing!”, “Qani tashqariga kiring!” deb turaman,-dedi bir saylovchi.

-“Ichkariga chiqing!” emas, ichkariga kiring , “Tashqariga kiring!” emas, tashqariga chiqing bo’ladi,- deb tuzatdi uni yonida turgan o’g’li. Otasining jahli chiqdi va׃

-Ey, jo’jaxo’roz, kirdi-chiqdini sen yaxshi bilasanmi yoki ul zotmi?-dedi. (5-12-2007).

 

…YoShLAR YILI

Aldarko’sa 2008 yilni “Yoshlar yili” deb e’lon qildi. Uyiga kelgach, xotini undan xafa bo’ldi׃

-Biz qarib qoldikda-a, nazaringizni yoshlardan ayirmaysiz?

-Unaqa dema, men ham qarib qoldim, etmishning o’zi bo’ladimi?

-Nega bo’lmasa kelasi yilni “Yoshlar yili” deb e’lon qildingiz?

-Yo’g’-e?!

-Yana ikkiyuzlamachilik qilayapsizmi? O’zim televizorda ko’rdim, shunday dedingiz.

-Ana xolos, bu ham qarilikning alomati. Nutqimdagi “yoshlar” so’zidan oldingi “ko’z” degan so’z tushib qolibdi. Kelasi yil “Yoshlar yili” emas, “Ko’z yoshlar” yili bo’ladi. (7-12-2007).

 

 

RAMZ

-Oq poshsho o’zidan keyin bo’ladigan prezident kimligini e’lon qildi,-dedi maslahatchi Aldarko’saga.

-Kim ekan?

-Medvedev…

-Uning plani boshqa edi, nega bu jo’jaxo’rozni tanladiykin?

-U bilan 17 yildan beri ishlar ekan.

-Gap bunda emas. Mana men sen bilan 18 yildan beri ishlayman.

-Menimcha gap uning familiyasida.

-Familiyasida?

-Bilasiz, Rossiyaning butun dunyodagi ramzi ayiq. Medvedev degani ayiqning o’g’li degani…

-Bo’lmasa biz ham shunaqasini qidirishimiz kerak.

-Qidirib nima qilamiz? Hozir familiyani o’zgartirish odatga aylandi. Familiyangizni o’zgartirib qo’ya qolsak-chi?

-To’xta? Dunyoda bizning ramzimiz nima o’zi?

-Sovet davrida qo’y edi. Hozir eshak… (7-12-2007).

 

AQLI JOYIDA…

Amriqo vakili Aldarko’saning huzuriga kirdi׃

-Taniqli va iste’dodli shoir Yusuf Jumani yo’q qilibsiz degan gaplar yuribdi…

-Bu erda mendan taniqli va mendan iste’dodli odam yo’q. Shuning uchun menga qarshi chiqsa, kim bo’lishidan qat’iy nazar yo’q qilamiz.

-Lekin uni yo’q qilolmaysiz!

-Nega ekan?

-Chunki uning o’rni xalqning dilida. Bugunga qadar xalqning diliga siz yo’l topolmadingiz, endi toparmidingiz?

-Agar xalq dilidagini yo’qotish uchun menga topshirmasa, o’zini ham unga qo’shib yo’q qilamiz.

-Xalqning dilidagini olaman deganlardan bittasi Saddam edi, dorga osildi.

-Bizda dorga osish degan gap yo’q. Biz hatto o’lim jazosini ham bekor qilganmiz.

-Xalqning dilidagini qayoqdan bilasiz?! Xalq balki sizni o’ldirmasdan Yusuf Jumalarning yozuvlari orqali jazolamoqchidir?

-Qanday qilib?

-Yusuf Juma tutib turgan plakatni ko’rdingizmi, uni har bir aqli joyida bo’lgan odam o’qib, o’ziga xulosa chiqarishi kerak!

-Men o’qimayman! (13-12-2007).

 

AN’ANALAR

 

-Ba’zi voloyatlarda gaz o’rniga ko’mir va o’tin qo’llanishga o’tilayati ekanmi?-deb so’radi bir jurnalist Aldarko’sadan.

-Bu mening saylov dasturimdagi asosiy masalalardan biri. Uni hozirdanoq bajarishga kirishdim. Saylovdan keyin, Xudo xolasa, hamma viloyatlarda ko’mir ham emas, o’tinga o’tamiz.

-Nega axir?

-Biz Sharqmiz va o’zimizga xosligimiz bor. Biz endi G’arb tomonidan buzilgan yoki unuttirilgan milliy ana’analarimizni tiklaymiz! (14-12-2007).

 

PAXTA

-Afg’onistonda bir necha viloyatda ayollar ayni vaqtda tashqariga chiqib, Tangirga faryod qilib, tinchlik so’rashibdi,-dedi maslahatchi Aldarko’saga.

-Bu ham aslida isyon. Ular hukumatga qarshi isyon qilishgan. Yuragimizdagini hukumatdagilar eshitsin deyishgan. Bu juda yomon kasallik, tez tarqaladi.

-Unday bo’lsa oldini olib qo’yishimiz kerak ekan.

-Ha, ayniqsa hukumatdagilar uchun chora olish kerak, bir ikki tonna quloqqa tiqadigan paxtadan tayyorlab qo’y!

-O’zi-ku quloqlariga qo’rg’oshin quyilgan…

-Nima qipti? Endi paxta qo’yasan! (15-12-2007).

 

YuLDUZ VA QUYoSh

-Turkiya prezidenti Abdulloh Gul Qozog’istonni «mintaqaning yulduzi» deb atabdi, biz ham uni oshga chaqirsakmikan?-dedi maslahatchi Aldarko’saga.

-Esingdami, prezident Demiral bizni «mintaqaning quyoshi» degan edi. Bunisi qo’shnimizni juda ham kamsitib yuboribdi.

-Lekin quyosh yulduzning bir parchasi-da.

-Bekor aytibsan! Uzoqdagi yulduzdan nima foyda? Yaqindagi quyoshda hamma gap.

-Bu gapni aytgan Demiral qachonlardir pensiyaga chiqib ketgan, axir!

-Nima qipti? Zato quyosh pensiyaga chiqqan emas! (16-12-2007).

 

YaXShI XABAR

-Putin agar Medvedev uning o’rniga saylansa, u Bosh vazir bo’lishlikka rozi ekan,-dedi Bosh vazir Aldarko’saga.

-Kim aytdi?

-O’zi..

-O’zi men qolib, senga telefon qiladimi?

-Yo’g’-e, bu gapni u juda katta majlisda aytdi va men televizorda ko’rdim.

-Unday bo’lsa, bu yaxshi xabar! Etti yildan keyin nima qilishimizni bilamiz, endi!

-Bo’lmasa men ham hozirdanoq tayyorgarlikni ko’raverayinmi!

-Ha! Kafan olib qo’yishni ham unutma!

(17-12-2007).

 

YaNGI SAYT

Aldarko’sani hayit bilan tabriklagan Oq poshsho uning erkatoyi Gogoshani ham qutladi.

-Qo’shiqlaringizni eshitdim…

-Rahmat!

-She’ringizni ham o’qidim…

-Qulluq!

-Suratlaringizni ham ko’rdim…

-Yashang!

-Hammasi o’rtada! Ajoyib vebsayt ochibsiz!

-Istasangiz, darhol etib borishim va Sizga ham ochib berishim mumkin! (20-12-2007).

 

“ISTE’FO BER, KET!”

 

-Eng zolim shohlar ham shoirlarni zindonga solmagan ekan. Siz bo’lsangiz saylovdan oldin shunday ishga qo’l uribsiz, yana kelib-kelib eng zo’r shoirni qamabsiz,-dedi xotini Aldarko’saga.

-U menga “ISTE’FO BER, KET!” deb turib olgan bo’lsa, nima qilishim kerak?

-Bir shoir “ISTE’FO BER, KET!” degani bilan ketib qolarmidingiz?

-Unga qo’shilib butun xalq ham “ISTE’FO BER, KET!” desa nima bo’ladi?

-Hech narsa…

-Hech narsaligini qayoqdan bilasan?

-Ko’rib turibman-ku!

(20-12-2007).

 

ChEGARALAR

-Qo’shni davlatlar bilan chegaralarni yopib qo’ydik, endi qachon ochamiz?- dedi maslahatchi Aldarko’saga.

-Ko’pga yopmadik. Saylov o’tsin. Bir haftadan keyin ochamiz.

-Shu orada ba’zi diplomatlar kelmoqchi bo’lishsa, nima qilamiz?

-Ular istisno.

-Chegaraning ikki tomonida qarindosh-urug’lar yashashadi. Shu kunlarda birortasi o’lib-netib qolsa-chi?.

-Ayt, o’lmay tursin! (21-12-2007).

 

QIYoMAT SAYLOV

-Mana nihoyat murodingizga etdingiz, ertaga ko’p nomzodli saylov ham bo’lar ekan?-dedi xotini Aldarko’saga.

-Kim senga aytti saylov bo’ladi deb?

-Ana, gazetalaringiz, televizo’ringiz, maddohlaringiz, nomzodlaringiz aytib turishibdi-ku?!

-Nima, ularning yolg’on gapirishlarini bilmaysanmi?

-O’zi bu mamlakatda rost gapiradigan odam bormi, ertaga nima bo’ladi o’zi?

-Buncha “ertaga”, “ertaga”lab qolding, ertaga men o’laman, sen o’lasan, hamma o’ladi, xursandmisan shunday desam?

-Bo’lmasa ertaga qiyomat ekan-da!

-Yo’o’o’q, qiyomat saylov! (22-12-2007).

 

O’ZIMNIKI

Aldarko’sa ovoz berish varaqlarini bitta-bitta tekshirib chiqdida, keyin xotiniga׃

-Kimga ovoz berding?-dedi.

-Kimga beradim? Sizga-da!

-Ha yolg’on gapirmay o’l!

-Nega yolg’on gapirar ekanman?

-Chunki bu erda menga faqat bitta ovoz berilgan varaqani topdim, xolos.

-O’sha meniki bo’lishi kerak.

-Bekor aytibsan! Ana bir chetiga belgi qo’ygandim, u o’zimniki! (23-12-2007).

 

OLTINLAR

-Dunyo Oltin zahiralari kengashi hisobot e’lon qildi. Qirg’izlarning xazinasida bor-yo’g’i ikki yarim tonna oltin bor ekan,-dedi maslahatchi Aldarko’saga.

-Boshqalarida-chi?

-Hammasidan ham tojiklar kulgili vaziyatda. Ularning davlat xazinasida bir yarim tonna bor ekan, xolos.

-Qozoqlarda-chi?

-Ularda 62 tonna.

-O’lsin hammasi, ko’rdingmi, oltinni ham Xudo bizga bergan! Darvoqe biz haqimizda nima deb yozishibdi?

-Ma’lumot ololmadik,- deyishibdi.

-Ololmaydiyam! Nima, biz axmoqmi-ki, oltinni Davlat xazinasida saqlaylik! (24-12-2007).

 

KATTA VOQEA

-Qayta saylanganingiz juda katta voqea bo’ldi. Shu munosabat bilan jurnalistlarning qutlovlari va bir qancha savollari bor ekan, bir uchrashuv tashkil qilsak, shunga nima deysiz?-dedi maslahatchi Aldarko’saga.

-Qanaqasiga katta voqea bo’lsin? Mening saylanishim oldindan ma’lum edi-ku!

-To’g’riku-ya, lekin jurnalistlar hol-jonimga qo’yishmayati-da.

-Bo’lmasa ularga o’z tillarida dars berib qo’y! Jurnalistikada shunday qonun bor: it odamni tishlasa voqea emas, agar odam itni tishlasa ana unda katta voqea!

-Siz kamtarlik qilayasiz, lekin katta voqeaga sabab bo’ldingiz! (25-12-2007).

 

GAP YO’Q

Aldarko’sa tabriklarni bir-bir ko’rib, karzinaga tashlar ekan, maslahatchisiga qarab׃

-Bushdan kelgan tabrik qani?-dedi.

-Undan hali kelmadi.

-Nega kelmaydi?

-Amerikada Iyso alayhisalomning tug’ilgan kunini bayram qilishmoqda va hamma shu bilan band ekan.

-Qachon tugaydi bu bayram!

-Har holda yangi yilga ulanib ketadi.

-Shu orada ikki enlik tabrik yozishga vaqt topolmaydimi?

-Vaqt-ku topar, ammo gap topolmayotgan bo’lsa kerak.

-Nega gap topolmaydi?

-Axir biz o’tkazgan bu saylovga gap yo’q-da! (26-12-2007).

 

QASAM

-Qasamyod marosimiga tayyorgarlikni boshlaylikmi?-deb so’radi maslahatchi Aldarko’sadan.

-Qanaqa marosim?

-Qasamyod marosimi!

-U nima degani?

-Qasam ichib, so’z berasiz.

-Nega mening xabarim yo’q, qachondan boshlab “Qasam” chiqara boshladinglar?

-Gap araq haqida emas…

-Tuturig’ing bormi? Hozirgina o’zing aytding-ku “Qasam” ichib, so’z berasiz deb! (28-12-2007).

 

KITOB

-Qasamyod marosimida nima qilish kerak?-deb so’radi Aldarko’sa maslahatchidan.

-Qo’lingizni kitobning ustiga qo’yib, Konstitutsiyaga rioya qilaman deb qasam ichasiz.

-Kitob? Qanaqa kitob?

-Muqaddas kitob.

-Muqaddas kitob shart emas, bir kami muqaddas kitobga qo’l qo’yib, qasam ichish qoluvdi, ana u shakafda turgan “KPSS tarixi”ni baxmalga o’rab qo’yaver, ho’o’o’v 16 yil oldingi kabi! (29-12-2007).

 

YoD va YoT

-Boshqa gap qurib qolganmidi? Nega endi qasamyod deyishgan?- deb so’radi Aldarko’sa maslahatchidan.

-Ichgan qasamni yodda saqlash uchun shunday deyishgan-da.

-Unday bo’lsa biz qasamyod marosimi emas, qasamyot marosimi o’tkazamiz.

-Bu nima deganingiz, xo’jayin?

-Qara? O’z tilingni ham bilmaysan, “yod” bilan “yot”ning farqiga ham bormaysan!

-“Yot” degani shu o’zimizning “Yot!” deganimi?

-Seni fikring buzuq-da. “Yot”ning boshqa yaxshi ma’nolari ham bor! Masalan, ”yot” degani “begona” degani ham. Demak “qasamyod” emas, “qasamyot” bilding-mi! (30-12-2007).

 

QUTLOV

-O’lim hukmini bekor qilganingiz bilan chin dildan qutlayman,-dedi okean ortidan kelgan mehmon Aldarko’saga.

-Istaganimda bekor qilaman, istaganimda yo’q. Sizga nima?

-Endi qo’rqmasdan kelib-ketib yuraveraman-da!

-Unday bo’lsa, meni saylovda yutganim bilan ham qutlang!

-Iltimos, o’lim hukmini qaytadan joriy qilsangiz! (4-1-2007).

 

HAYKAL

-Kech bo’lsa ham bir amallab etkazib keldim,-dedi olmon elchisi Aldarko’saga o’z prezidentining tabrigini uzatar ekan.

-Sizlarda ham prezident bormi?

-Ha, endi yo’liga. Aslida bizda Bosh vazir iqtidorning egasi, u xalq tomonidan saylanadi. U haqiqiy saylov nimaligini bilgani uchun ham bu masalaga jiddiy qaraydi. Prezident esa haykal.

-Nima? Nima dedingiz?

-Hay Kal! (5-1-2007).

 

XALQNING OLDIDA

-Yangi Turkmanboshi Umumjahon Inson huquqlari Deklaratsiyasining qabul qilinganiga 60 yil to’lishini katta to’y qilmoqchi,-dedi Vaziri a’zam Aldarko’saga.

-Sen nega bu masalalarga bosh qo’shayapsan?

-O’zingiz «Mendan keyin nima qilmoqchisan?» deb savol berganingiz uchun javob berdim-da…

-Demak, mendan keyin sen ham to’y qilmoqchisan?

-Xalqdan orqada qolsak bo’lmas!

-Unday bo’lsa tez oldinga o’t! Qani yo’qol ko’zimdan! Tezroq yur, seni o’rning xalqning orqasida emas, uning oldida! (6-1-2007).

 

AYB

-Gurjistondagi saylovda yana Saakashvillining o’zi saylanibdi,-dedi maslahatchi Aldarko’saga.

-Na buncha “sak” “ak”- “ak”lab qolding? Hokimiyat qo’lida bo’lgandan keyin saylanadi-da!

-Ammo u saylovdan oldin vazifasidan istefo bergandi. Buning ustiga nomzodlar ham anchagina ekan.

-Senga aql kirmadi-kirmadi-da. Siyosat degan narsani hech o’rganmading. Nomzodlar ham anchagina mish. Nima qipti? Men ham bir to’da nomzodni maydonga tashlamadim-mi?

-Ammo u erdagi nomzodlar norozi va saylov soxta o’tgan deb baqirishmoqda.

-Bu endi sening aybing, sen ham bir-ikki kishini baqirtirsang bo’lardi!

-Xo’jayin, keyin siz meni baqirtirardingiz-da! (7-1-2007).

 

VA’DA

-Qasamyod marosimiga kelasizmi?-dedi Oq poshshoga sim qoqqan Aldarko’sa.

-O’sha kun juda ham bandman-da!

-Siz kelmasangiz marosimning fayzi bo’lmaydi-da!

-Bilasiz-ku mening hamma kunlarim oldindan band qilib qo’yilgan.

-Bir yildan keyin bo’lsa ham biror kun topilar, bo’sh kuningizni aytsangiz marosimni o’shanga moslar edik.

-Mendan xafa bo’lmang, marosimlaringiz ko’p va hali oldinda qanchasi bor, hozir Qasam qismiga borolmasam ham, keyin albatta Yod marosimiga boraman. Bu – qasam! (8-1-2007).

 

BEQASAM

-Tug’ilgan kunimda nima hadya qilmoqchisan?-dedi Aldarko’sa xotiniga.

-Ko’nglingiz nima istayati?

-Meni ko’nglimga qarama, o’zingni ko’ngling nima istasa o’shani qil, xotin.

-Menga qolsa ustingizga beqasam yopardim.

-Uni o’lganimda ham yopasan. Hozir boshqa hadya qurib qoldimi? Buning ustiga bilasan, beqasam senga yarashadi, menga emas.

-Nima deyapsiz, dadasi, beqasam beqasamga juda ham yarashadi-da! (8-1-2007).

 

EHTIYoJ

-Nega hammang orqa bilan chiqib ketishni odat qildilaring?-deb so’radi Aldarko’sa maslahatchidan.

-Ilgari odamlar shohlarning huzuriga oldi bilan kirib, orqasi bilan yurib chiqqan. O’zingiz hamma tarixiy an’analarimizni tiklaylik degan edingiz…

-Lekin oldingi shohlar senga o’xshaganlarni tepish uchun oyoqlarini ko’tara olishmagan…

-To’g’ri aytasiz, xo’jayin, juda qiziq, chunki oldingi xizmatkorlarning orqasini ehtiyot qilish ehtiyoji ham bo’lmagan. (9-1-2007).

 

GUL

-AQSh prezidenti Yaqin Sharq safari oldidan Gulni qabul qilganda..,-deya so’z boshlagan maslahatchining gapini Aldarko’saga shartta bo’ldi׃

-Kim mendan so’roqsiz unga gul yuborgandi? Saylovda yutgan u emas, menman! U menga gul yuborishi kerak!

-Uzr xo’jayin, Gul deganda Turkiya prezidentini nazarda tutgandim.

-Shunaqa demaysanmi? Ilgari Tansu Chillar degani bor edi. Ana uni gul desa bo’lardi. Juda ham go’zal edi, qarab husniga to’ymas eding, bunisi qanaqa ekan?

-Tansu xonim Bosh vazir edi. Bunisi prezident, buning ustiga erkak!

-Nima qilibdi erkak bo’lsa?! (10-1-2007).

 

NUSXA

-Internet orqali kitob almashtirish haqida konferentsiya o’tkazibsizlarmi?-deya so’radi Aldarko’sa maslahatchidan.

-Bu haqda sizdan ruxsat olgandim…

-Bekor aytibsan. Agar ruxsat olganingda men “Qanday qilib Internet orqali kitob almashtirish mumkin, pochta ham Internetga ko’chdimi?” deb so’ragan bo’lardim.

-Pochta joyida. Biz dunyo kutubxonlari bilan kitob alamashtirishni o’ylayapmiz. Internet orqali o’zimizning nusxani yuboramiz, ular ham bizga o’zlaridagi nusxani yuboradilar.

-Bizga hech qanaqa nusxaning keragi yo’q. Nusxalarimiz to’lib yotibdi. Yuborsang yuboraver, ammo bu tomonlarga keltirma.

-Gap u siz aytgan odamlar… e.. nusxalar haqida emas, kitob nusxalari haqida…

-Farqi nima? U ham nusxa, bu ham nusxa! (11-1-2007).

 

KELAJAK

Aldarko’saga qasamyod marosimida o’qilgan matnni maslahatchiga takror o’qidi:

-«Xalqimga astoydil xizmat qilishga, Konstitutsiya va qonunlarga amal qilishga, fuqarolarning huquq va erkinliklarini kafolatlashga tantanali ravishda qasam ichaman»…So’ng׃

-«Huquq va erkinliklarini kafolatlash» degani menga yoqmadi,- dedi..- Qanaqa huquq, qanaqa erkinlik?

-O’tgan davrga ko’z yuming, xo’jayin!

-Haliyam axmoq, men o’tgan davrni emas, kelajakni nazarda tutayapman! (16-1-2007).

 

O’ZISh

-Amerikaning “Heritaj” jamg’armasi dunyo davlatlarida iqtisodiy erkinlik bo’yicha yillik hisobot chiqardi, -dedi maslahatchi Aldarko’saga.

-Bizga nechanchi o’rinni beribdi?

-162 davlat ichida bizga 130-o’rin…

-Ko’rdingmi, o’zlari ham bizga tan bera boshladilar?!

-Lekin…

-Nimasi lekin? Bizdan keyinda yana 32 ta davlat bor. Biz 16 yil oldin mustaqil bo’lib, 32 ta davlatdan o’zib ketibmiz. Yiliga ikkita davlatni orqda qoldiribmiz. Shu ketishda ana mana demay qolganlaridan ham o’zamiz! (18-1-2007).

 

TEPKI

-Bosh qarorgohi AQShda joylashgan Fridum Hous inson huquqlari tashkilotining yillik hisobotida bizni “yomonlarning yomoni” va “repressiv davlat”lar qatoriga kiritishibdi.

-Kimning hisobotida? Qanaqa dumning? Qanaqa xaosning?

-Fridum Haus…

-Ha-a… Haligi orqasiga tepib yuborgandik, o’shami?

-O’sha..

-Qattiq tepgan ekanmiz, alami ichida ekan…

-Lekin ularni eng oxirida tepgandik!

-Tepkining zarbi oxirdagiga tushadi! Hali ham og’rib yurgan bo’lsa kerak?! Darvoqe MDH bo’yicha kimlarni kitishibdi?

-7 ta davlat “erkin emas”lar ro’yxatida, 4 tasi “qisman erkin”lar ichida. Biz eng oxirida… (19-1-2007).

 

QUDRAT

-Butun dunyoda iqtisod tanazzulga yuz tutmoqda – narxlar tushmoqda, xarid kamaymoqda, milliy ishlab chiqarish ko’rsatkichlari orqaga ketmoqda,-dedi maslahatchi Aldarko’saga.

-Ko’rdingmi, qaysi kun Xudo biz tomonda desam, yuzingni burishtirganding!

-Lekin…

-Lekin-pekiningni pishirib e! Biz qaysi yo’ldan ketsak, albatta bir kun kelib, dunyo ham o’sha yo’ldan ketadi, mana sanga Xudoning qudrati!

-Bu vaqtincha deyishmoqda-da!

-Dunyoda hamma narsa vaqtincha! Hatto barcha odamlar ham!

-E, unday demang, siz vaqtincha emas-ku?!

-Haliyam… (22-1-2007).

 

SOLIShTIRISh

-Hamma yoqda mudofaaga eng ko’p pul sarflayotganimiz haqida yozishmoqda,-dedi maslahatchi Aldarko’saga.

-Rossiyadan ham ko’p sarflayapmizmi?

-Yo’q!

-Xitoydan ko’pmi?

-Yo’g’-e!

-Nima, Amerikadan ko’pmi?

-Yo’q…

-Ko’rdingmi, hamma savolimga “Yo’q!” deb javob qilayasan!

-Lekin teng tengi bilan, deganday bizni qo’shnilarimiz bilan solishtirishmoqda.

-Bilib qo’y, tengni tenglar bilan, tezakni tezaklar bilan solishtirish kerak! (24-1-2007).

 

EVRO

-O’tgan yili qancha odam tashiding? -deb so’radi Aldarko’sa Havo yo’llari rahbaridan.

-2 million!

-Bekor aytibsan!

-O’lay agar…

-Mamlakatdan 4 million odam chiqib ketgan bo’lsa, san qanday qilib 2 million tashigan bo’lasan? Qolgan ikki millionni qaerga urding? Bir dollardan bo’lganda ham ikki million dollar bo’ladi!

-Qanaqa dollar? Biz Evroga o’tganmiz-ku, xo’jayin! (25-1-2007).

 

ODATLAR

-Mana shu Qonunga ham qo’l qo’yib bersangiz,-dedi maslahatchi Adarko’saga.

-Yana qanaqa Qonun?

-YuNESKOning Nomaterial madaniy boyliklarni muhofaza qilish konventsiyasiga a’zo bo’lganimizni tasdiqlovchi Qonun…

– Nomaterial madaniy boyliklar deganing nimasi?

-Bu-odatlar, ifodalar, bilim, tajriba kabi boyliklarni muhofaza qilish…

-Demak mening original so’kishlarim ham jahon miqyosida muhofaza qilinadigan bo’libdi-da, shundaymi?

-Lekin bu hujjatda so’kinish haqida gap yo’q.

-Axmoq, eshak, itdan tarqagan! O’zing hozir “odatlar” degan so’zni ayting-ku! Nega tonasan endi, haromi! (26-1-2007).

 

GO’R

-Dunyoda qanday yangiliklar bor? Asosiylaridan gapir,-dedi Aldarko’sa maslahatchisiga.

-Bi-Bi-Sining aytishicha, “Afg’oniston shimoliy-sharqidagi Qunduz viloyatida yashovchi kasalmand va qashshoq oila nochorlik tufayli qo’l bolasini qo’shnisiga sotgan”.

-Qanchaga sotibdi?

-10 dollar miqdoridagi bitta xonaga…

-Juda yaxshi sotibdi. Qimmatga. Lekin shu ham xabar bo’ldimi? Ana bizga kelsin, kerak bo’lsa bepul oladi! Ular xabar qaerdaligini ham bilishmaydi.

-Bizga kelolmaydi-da!

-Nega?

-Kelolmaydigan qilib qo’yganmiz! Esingizdami, “g’ing-g’ing”lab qolishgandi.

-Hali ham shu ahvol-ku? Davosi yo’qmi?

-Go’r tuzatadi!

-Go’r! Yangi do’xtir chiqqan-mi? Darhol bu yoqqa olib kel! (28-1-2007).

 

UMID BERADIGAN GAPLAR

-Qo’shma Shtatlarda joylashgan Hyuman Rayts Uotch degan tashkilot chop etgan yangi hisobotda aytilishicha, 2007 yilda mustaqil inson huquqlari faollari, mustaqil jurnalistlar, fuqarolik jamiyati faollariga qarshi bosim ko’rsatgan emishmiz,-dedi maslahatchi Aldarko’saga.

-Mish-mishdan boshqa gap ham bormi?

-Bu tashkilotga ko’ra, bizda inson huquqlari bilan bog’liq vaziyatni yaxshilash yo’lida birorta ham mazmunli ish qilinmagan emish.

-Senga hadeb bu tashkilotning aytganini qaytar deyayotganim yo’q, mish-mishdan boshqa gap ham bormi deb so’rayapman?

-Bor, bor…Tojikistonda bitta muxolifatchi vafot etganmish.

-Yoshi nechada emish?

-55 da emish…

-Ha, yaxshi! Mana yaxshi gaplar ham bor ekan-ku?! Bundan keyin ham menga kayfiyatimni buzmaydigan, umuman xursandchilik keltiradigan, umid beradigan gaplardan gapir!

-Afrikada bitta zolim 72 yoshida o’libdi!

-Axmoq, o’lsa o’lar, bizga nima aloqasi bor?

-O’zingiz umid beradigan gaplardan gapir deganingiz uchun aytdim-da!(1-2-2007).

 

PREZIDENT

-Shoirni qamab qo’yibsanlar, kim bilan gaplashsam shuni esalatib, qulog’imni qomatga keltirmoqda,-dedi Aldarko’sa maslahatchiga.

-Gunohi og’ir.

-Lekin mana xatlar, maqolalarni qara, butun dunyoda xuddi boshqa masala yo’qdek hammasida shu gap!

-Gunohi og’ir-da, xo’jayin! Aytishga tilim aylanmaydi, hatto!

-Nima qilibdi?

-Xalqni so’kib yuribdi…

-Unday bo’lsa chiqarmalaring! U aqldan ozib, o’zini prezident deb his qilib qolibdi! (2-2-2007).

 

IShONCh

-General nima dedi?- deb so’radi Oq poshsho Aldarko’sadan.

-Qaysi general?

-O’zingni go’llikka urmasang-chi? Ana u – okeanning naryog’idan kelib ketdi-ku! Yana og’iz-burun o’pishishga boshlayapsanmi?

-Siz ketayapsiz. O’rningizga keladigan bola siz bo’lishi qiyin. Shunday paytda men o’zimni himoya qilish uchun nimadir qilishim kerak-da?!

-Unday bo’lsa, tez bu yoqqa etib kel!

-U erda nima qilaman?

-Gaplashib olamiz!

-Gap-gap bilan, lekin o’rtada qog’oz bo’lmasa qiyin. Bilasiz men qog’ozga ishonaman!

-Men esa Xudoga ishonaman! Kelaver! (2-2-2007).

 

BIR XIL

-Mana siz bilan oldi-berdimiz 13 foyizga ko’payibdi,-dedi Oq poshsho Aldarko’saga.

-I-e, mendagi ma’lumot boshqacharoq-ku?

-Nega boshqacha bo’ladi?

-Siz aytgandan ancha ko’p!

-Bo’lishi mumkin, Siz axir qo’shib yozish davrining qahramonisiz!

-Bizda unaqa-bunaqa davrlar yo’q, doim bir xilmiz.

-Men ham shuni aytayapman-da! (5-2-2007).

 

OLIY TILAK

-Uchinchi srok ham qolishingizni istar edim,-dedi Aldarko’sa Oqposhshoga.

-Nimani istardingiz?

-Uchinchi srok ham qolishingizni…

-Meni o’zingizga muxolif deb o’ylayapsizmi?

-Yo’g’-e! Siz mening do’stimsiz-ku! Men faqat yaqin do’stlarim va tanishlarimga shunday oliy tilak bildiraman!

-Shuning uchun ham ular birinchi va ikkinchi sroklari bitganiga ham qaramay sizning oliy tilagingiz bo’yicha yana uchinchi srokka qolishmoqda ekan-da! (6-2-2007).

 

AMIR

-Amir Olimxon oltinlarini olib qochib ketgan deb yurishgandi, mana hujjatlar topildi, olmoslaru oltinlarni Buxoroni bombardimon qilgan ruslar olib ketishgan ekan,-dedi maslahatchi Aldarko’saga.

-Amir Olimxoning ahmoq bo’lgan-da!

-Nega?

-Nega bo’lardi? O’sha boyliklarni ruslarga o’zi olib borib berishi kerak edi.

-Yo’g’-e! Ruslarning oyog’ini yalashi kerak edimi?

-Sen ham ahmoq ekansan, agar shunday qilganda Afg’onistonga qochib ketmagan, darbadarlikda, 64 yoshida ko’zi ko’r bo’lib, “Vatan!”, “Vatan!” deb o’lib ketmagan bo’lardi!

-Ha, tushundim! U shunday qilganda etmishdan oshganda ham amir bo’lib o’tiraverardi! (7-2-2007).

 

VAKOLAT

-Daryo juda ham qalin muzlagan. Bahor kelishi bilan ko’p joyni suv bosishi mumkin,-dedi maslahatchi Aldarko’saga.

-Viloyat rahbari qayoqqa qarab o’tiribdi?

-U toshqinning oldini olishga qaratilgan maxsus qaror chiqardi.

-Qarorni men chiqaraman, u esa bajaradi. Qachondan beri menga shirk keltiradigan bo’ldi? Darhol borib jazosini ber, tag’in oshini ema, boshini e!

-Xo’jayin bu axir sizning vakolatingizga kiradi-ku! (8-2-2007).

 

PULLAR

-Hamma joyda nutqingizni muhokama qilishmoqda,-dedi urus xotini Aldarko’saga.

-Kimning haqqi bor mening nutqimni muhokama qilishga? Nimasini muhokama qilishadi?

-2007 yil dekabr oyida maoshlar 210 AQSh dollariga teng bo’ldi deb aytibsizku, shu gapingiz shov-shuv bo’lib ketdi.

-Ablahlarga xazinaga kirimni hech qaerga yozmalaring degan edim. Hammasini qayd etishibdi. Nima qilay? Balansni to’g’irlash uchun har bitta odamga taqsimlab qo’ya qoldim.

–27 millionni 210 ga ko’paytirsak juda katta pulku bu? Qaerda shuncha pul?

-Qaerda bo’lardi, onangnikida! (8-2-2007).

 

OQPADAR

-Bugungi bayram bilan seni ham tabriklayman,-dedi Aldarko’sa xotiniga.

-Yana qanaqa bayram?

-Bobomiz Alisher Navoiyning tug’ilgan kuni.

-Yana oshxo’rlik qilar ekansiz-da?

-Davomi ham bor! Bir necha kundan keyin Mirzo Bobur, undan so’ng Amir Temur bobomning tug’ilgan kunlari!

-22 aprelda ham bitta bobongizni tug’ilgan kunlari bor!

-Leninni aytayapsanmi? U seni bobong-ku?

-Sizning bobongiz bo’lmay qoldimi? Nevarangiz ham o’zingizga ketibdi-da!

-Nevaramga nima qipti?

-Bobosidan tonib yuribdi…

-Qani bu yoqqa chaqir! Voy oqpadar-ey! (9-2-2007).

 

HUNAR

-Uch-to’rttasini qamoqdan chiqarib yuborganimizga ishtahalari ochilib qoldi, yana ko’proq talab qilishmoqda,-dedi maslahatchi Aldarko’saga.

-Menga qulluq qilib xat yozganini chiqarib, xorijga jo’nataver, nonxo’r kamayadi.

-Lekin yozishmayati-da. Buning ustiga qamoqda turib ham “Xalifalik quramiz!” deyishmoqda.

-Bo’lmasa chiqarma! Chirib ketishsin!

-U holda bu yoqdagilarga nima deymiz?

-Eski hunarni qo’lla, hukumatni ag’darishga chaqiruvchi bayonot tarqat! “Paq-puq”lar haqida ham o’ylab qo’y!

-Shunday qilsam, maslahatchilardan ba’zilari…

-Voy ularning onasini! Unday bo’lsa, “Saroyda to’ntarish ehtimoli bor” degan gap tarqat, hammasining onasini ko’rsatamiz! (11-2-2007).

 

AN’ANA

-Muxolifatchilardan bittasi yoshlarga yo’l beramiz,- deb aytibdi dedi maslahatchi Aldarko’saga.

-Bekor aytibsan, o’lsa ham aytmaydi.

-“Ozodlik”dan o’zim eshitdim, bittasi “Otilib chiqadigan ëshlar bo’lsa, biz ularning orqasiga o’tamiz” dedi.

-Axloqiy buzuq ekan-ku, “orqasiga o’tamiz” degan bo’lsa! Aniq shunday dedi-mi? Shu gapni radioda berdimi?

-O’lay agar shunday dedi. Qulog’imga ishonmay saytidan ham tekshirib ko’rdim, ana saytida turibdi׃ “Otilib chiqadigan ëshlar bo’lsa, biz ularning orqasiga o’tamiz!”

-E, to’xta-to’xta! Bu gapni unga 15 yil oldin men aytgan edim-ku! (12-2-2007).

 

SABIL

-Hayotimiz zimiston bo’lib ketdi, qachon bahor keladi?- dedi maslahatchi Aldarko’saga.

-I-e, menga savol beradigan bo’lib qoldingmi hali?

-Yo’q, kelayotgan xatlardagi asosiy gap shu ekanligini aytmoqchi edim.

-Nima, bahor kelishini ham mendan so’rashadimi?

-Axir siz bo’lmasangiz hayot butunlay to’xtab qoladi-ku, hamma narsa sizga bog’liq?

-Hmm.. unday bo’lsa javob yoz!

-Nima deb yozay?

-Savol nima edi o’zi?

-Sabil qolgur qish yana qancha etadi?

-Sabil qolguncha! (14-2-2007).

 

IT

-Oqposhsho taxtni Ayiqboyga topshirgach, o’zi Bosh vazir bo’lib qolishini rasman e’lon qildi,-dedi maslahatchi Aldarko’saga.

-Ko’rdingmi, Oqposhsho ham mening yo’limga yuradi. Unga mendan ibrat olib, yana menga o’xshab Poshsho bo’lib qolaver, degandim, darrov yo’lini topdi.

-Lekin Poshsho Poshshoda! U esa Bosh vazir!

-Jinnimisan, oq it, qora it hammasi bir it! (14-2-2007).

 

JO’NATISh

Xorazmga borgan Aldarko’sa o’zini jo’natib qo’yish uchun aeroportga chiqqan yangi hokimga׃

-Nega isming Ollobergan,-dedi.

-Bilmasam..

-Dadangni ismi ham Ollobergan-ku!?

-Yoshulli, o’zgartiraylikmi?

-Dindormisanlar?

-Yo’g’-e?!

-Qara, agar o’sha seni va otangni berganga bo’ysunadigan bo’lsang, keyingi kelishimda seni o’sha tomonga jo’natib qaytaman.

-Unday demang, yoshulli, mening bir umrlik orzuim sizga mana shunday yaqin bo’lish edi, iltimos, bechora bu qulingizni sizdek on hazratni jo’natib qo’yish baxtidan benasib etmang! (16-2-2007).

 

BIZGA NIMA?

-Kosovo o’z mustaqilligini e’lon qilgandan keyin juda ko’p o’lkalar darhol yangi mamlakatni tan oldilar, biz nima qilamiz?-dedi vazir Aldarko’saga.

-Agar juda ko’p o’lkalar tan olgan bo’lishsa, biz nega qarab turibmiz?

-Oqposhsho tan olmadilar-da!

-Darhaqiqat, Kosovoning bizga nima qizig’i bor?

-U erda asosan musulmonlar yashashadi.

-Undan bo’lsa, tembolee, uni musulmon mamlakatlari tan olsin, bizga nima? (18-2-2007).

 

HALI ERTA

-Papichka, mana buni o’qidingizmi?-dedi qizi Aldarko’saga.

-Nimani?

-Fidel Kastro “Men davlat kengashi raisligi va bosh qo’mondonlik lavozimlariga da’vogarlik qilmayman va bu vazifalarni qabul ham etmayman” deb yozib iste’foga ketibdi.

-Yoshi nechada ekan?

-Sakson birda!

-Shoshmasang ham bo’ladi, qizim, hali 11 yil bor ekan! (19-2-2007).

 

PARAD

-Amriqoning “Parad” degan jurnali 2008 yil diktatorlari ro’yxatini e’lon qilibdi,-dedi maslahatchi Aldarko’saga.

-Har yili e’lon qilishadi. Qani kimlar bor bor ekan, o’qi-chi?

-1.Kim Chen Ir, Shimoliy Korea.

2.Umar al-Bashir, Sudan.

3.Tan Shve, Birma.

4.Qirol Abdulla, Saudiya Arabistoni.

5.Hu Juntao, Xitoy.

6.Robert Mug’abe, Zimbabve.

7.Sayyid al-Humayni, Eron.

8.Parvez Musharraf, Pokistan.

9.Islom Karimov, O’zbekiston.

-To’xta, to’xta! Ilgari Turkmanboshi ham shu ro’yxatda edi. Endi esa uning nomi yo’q-ku?

-U o’lib qutuldi?

-Ha, bulardan o’lib qutulmasang qutula olmaysan! Lekin qutulishning boshqa yo’li yo’qmi?

-Xo’jayin, eng aqlli gaplarni doim o’zingiz aytasiz. Menimcha ham eng yaxshi yo’l shu! (19-2-2007).

 

BARAK

-Amerikadagi saylov poygasi qanday ketmoqda?- deb so’radi Aldarko’sa maslahatchidan.

-Respublikachilardan Makkeyn oldinda, demokratlardan esa Barak.

-Hillari nima bo’ldi?

-Hozircha orqada, odamlar Barakni istashmoqda. Lekin bilasiz, barak degani chuchvara. Amerikaliklar chuchvarani xom sanayaptilar.

-Qo’y, xom sanashsin. Ana u Makkeynni nima qilasan, bu Barak esa biz bilan uchrashmoqchi. Vashingtonga seni ham olib boraman, Barakka barak pishirib berasan!

-Ular ovqatni xom eyishadi, Barakka xom barak olib borsangiz yaxshiroq. (20-2-2007).

 

BO’Sh VAZIR

-Ma, buni olib qo’y,-deya Aldarko’sa Bosh vazirning arizasini maslahatchiga berdi.

-Farmonni tayyorlab, e’lon qilaylikmi?

-Kallang joyida-mi, hamma narsaning qoidasi bor! Avval majlis chaqirishing kerak, uni rasman bo’shatishimiz kerak, o’rniga odam tayinlashimiz lozim, agar ungacha u kasalxonaga yotib olmasa, uni ham bir joyga tayinlaymiz.

-Bo’lmasa, Bosh vazir o’rni Bo’sh vazir o’rni bo’lib turar ekan-da!

-U o’rin hamma vaqt bo’sh o’rin! Qachon u o’rinda ishlagan odam mana bu – mening o’rnimga kelsa, o’shanda bir narsa o’zgaradi.

-Demak, hali beri bir narsa o’zgarmas ekan-da! (21-2-2007).

 

O’QISh

Bugun MDH rabarlarining Moskovdagi mashvaratiga Aldarko’sani ham taklif qilishdi. U o’zini mashvaratda yaxshi tutishga va Oqposhsho gapirganda yana qovun tishirmaslikka harakat qildi. Majlisda G’arbni urush bilan qo’rqitib qo’yish masalasidan keyin Oqposhsho Aldarko’saning taklifiga to’xtaldi:

-Mana Aldarchik har yilni bir nom bilan nomlaydi. Biz ham shu tajribani olib, MDHda 2008 yilni O’QISh yili deb e’lon qilsak,-dedi.

-O’qish, o’qish va yana o’qish!-deb yubordi Aldarko’sa.

Putin unga kinoya qildi:

-Nima deyapsan, Aldarchik, bu axir axmoq Leninning gapi-ku!

-Har davrning o’z Leninlari bor!-javob qildi Aldarko’sa. (22-2-2007).

 

TAQIRBOSh

Moskovdagi majlisda Qirg’iz Oqposhshoga shikoyat qildi:

-Taqirboshlar bu erga kelgan qirg’izlarni o’ldirmoqda, bir chorasini ko’ring axir!

-Bizdan ham o’lganlar bor!-dedi Qozoq.

-Biz esa sanog’ida ham adashib ketdik! Juda ko’p odamlarimizni o’ldirishmoqda,-deya arzini aytdi Tojik.

-Sen nega indamay o’tiribsan?-dedi Oqposhsho Aldarko’saga.

-Nima haqda gapirayapsizlar o’zi?

-Sen haqingda Taqirbosh,-dedi Qozoq. (22-2-2007).

 

 

HURMAT

Aldarko’sa bugun Koreys poshshoning qasamyod tantanasida qatnashdi. U birinchi qatorda o’tirgan edi. O’tgan ham, qaytgan ham unga ta’zim qilar, muxbirlar ham faqat uni suratga ola boshladilar. Bundan sevinib u qaddini ko’tarib, mag’rurlanib o’tirar, muxbirlar suratga olganda esa, maxsus jilmayib qo’yardi. Tantana tugagach, u maslahatchiga׃

-Hurmatni ko’rdingmi?-dedi.

-Ha, bu yoqda shuncha kattalar turganda, hamma oddiy kotibga ta’zim qildi.

-Kallangni eding-mi? Qachondan oddiy kotib bo’lib qoldim?

-Sizni aytayotganim yo’q, ana u okean naryog’idan kelib sizning orqangizda o’tirgan Davlat kotibi-ayolni aytayapman.

-Hmm. Shunaqami… bo’lmasa videolarni o’zimizda ko’rsatganda va suratlarni chop etganda, orqamni retush qilib, tozalab qo’ylaring! (25-2-2007).

 

QO’ShMAChI

-Koreyadan bekor qaytmaylik. Nimadir ish qilgan bo’lib qaytaylik,-dedi Aldarko’sa maslahatchiga.

-Juda to’g’ri aytasiz, xo’jayin, bu yog’ini o’ylab qo’yganman.

-Nimani o’ylagansan?

-Qo’shma korxona tuzish haqidagi hujjatni siz imzolaysiz…

-U oddiy bir vazirning ishi, qolaversa qo’shmachilarning ishi!

-Xo’jayin, bu ish aynan sizning ishingiz! (25-2-2007).

 

ITXO’RLIK

-Odamlar “Koreyaga makaronxo’rlikka borib keldi” deb mazax qilishmasa bas,-dedi Aldarko’sa maslahatchiga.

-Makaronxo’rlik desa go’rga, ammo itxo’rlikka deyishmasin-da.

-Yo’g’e..Qayoqdan bilishadi?

-Esingizdami, ilgari Qo’yliqqa borib turganimiz haqida gap-so’z chiqqandi.

-Qo’yliqdagi restoranni yopib qo’y, degandim-ku.

-Yopib qo’yganman. Lekin shundan keyin bu yoqqa ko’p qatnab qoldik-da!

-Unda bo’lsa ochib qo’y! Eganimni tomosha qilishsin! (26-2-2007).

 

BIRINChI

-Rossiya Muhojirlar idorasining ma’lumotiga ko’ra, u erdagi muhojirlarning eng ko’pi bizdan ekan,-dedi maslahatchi Aldarko’saga.

-Qancha ekan?

-Hamma muhojirlarning 17 foyizi va biz birinchi o’rinda.

-Ikkinchi o’rinda kim?

-Xitoy…

-Ana ko’rdingmi, dunyoning eng ktta davlati – Xitoydan ham oldindamiz! Dushmanlarimiz kuyib o’lsin! (26-2-2007).

 

O’RIN (1)

Safardan qaytgan Aldarko’sa kabinetida o’tirganda boshi aylanib, qo’llari qaltirab qoldi. Darhol do’xtirni chaqirdi.

-Do’xtir, negadir liqillab ketayapman!

Do’xtir uning qon bosimini o’lchadi, yurak urishini sanab ko’rdi va׃

-Otdaysiz xo’jayin,-dedi.

-Unda nega liqillayapman?

-Menimcha, o’tirgan o’rningiz liqillab turibdi. (28-2-2007).

 

O’RIN – (2)

Aldarko’sa maslahatchini chaqirdi.

-Safardan qaytgach, bu erga o’tirib liqillab qoldim. Darhol do’xtirni chaqirsam otdaysiz dedi. Mana bu o’rin liqillayotgan ekan. Qaragin-chi, buni nima qilamiz?

Maslahatchi Aldarko’sani o’rnidan turg’azib, o’zi o’tirdi.

-Qani liqillamayapti-ku?!

Adarko’sa hayratlanib darhol joyiga qayta o’tirgandi yana liqillay boshladi.

-Ko’rdingmi ?

-Ko’rdim! Hmm…Bu o’rinda boshqa odam o’tirishi kerak ekan! (28-2-2007).

 

O’RIN – (3)

 

-Butun dunyoda vasiyat yozib qoldirish odat tusiga kirgan. Har ehtimolga qarshi hatto yoshlar ham yozib qo’yadilar. Menimcha sizning ham vasiyatingizni yozib qo’yishimiz kerak,-dedi maslahatchi Aldarko’saga.

-Yoz, men o’lsam mana shu liqillab turgan o’rin bilan birga ko’mlaring.

-Unday qila olmaymiz?

-Nega ekan?

-2005 yilda bu o’rinni auktsionga qo’ygan edingiz.

-Auktsion emas. Kim oshdiga..

-Ha, o’sha kim oshdida uni ruslar sotib olgandi.

-Men ham shuni aytayapman. U dunyoga qarzdor bo’lib ketishni istamayman.

-Unda nima qilamiz?

-Nima qilarding, shu o’rin bilan birga Urusiyatga ko’masan-da! (29-2-2007).

 

O’RIN – (4)

-Bu dunyo o’tkinchi, mana shu o’rin kimlarni ko’rmagan, kimlardan qolmagan. Hali sizlardan ham, mendan ham qoladi. Bitta iflos o’rin deb tili qisiq, muttaham bo’lmay halol yashash kerak,-dedi Aldarko’sa kabinetiga to’plangan vaziru vuzaroga.

-Bu o’rin sizdan boshqa hech kimni ko’rmagan,-dedi ulardan biri pichirlab. Ammo qulog’i ding Aldarko’sa buni eshitib qoldi va unga baqirdi׃

-Nima deding, muttaham?

-Bu o’rinda ilgari hech kim o’tirmagan va bundan keyin ham hech kim o’tirmaydi, demoqchi edim.

-Nega ekan?

-Xo’jayin, o’zingiz bu o’rin iflos dedingiz-ku! (1-3-2007).

 

O’RIN-(5)

Aldarko’sa yangi tayinlangan Oqposhshoga telefon qildi:

-Dimka, Sizni chin dildan qutlayman!

-Birinchidan, Dimka emas, Dmitriy, ikkinchidan, hali rasmiy natijalar e’lon qilingani yo’q!

-Lekin natija qandayligini men oldindan bilaman!

-To’g’riku-ya, dastlabki natijalar ham shunday, ammo men baribir Markaziy saylov komissiyasining rasmiy natijasini kutaman.

-O’sha komissiya bizning ish uslubimizni o’rganib ketgandi-da!

-Hm… Unday bo’lsa, Sen qachon bo’shatasan?

-Kimni?

-O’rinni-da!

-O’rin? Qaysi o’rin? Familiyasi nima? (2-3-2007).

 

O’RIN – (6)

-Kenja Turkmanboshi kelayati, uni kutib olish haqida ham o’yla,-dedi Aldarko’sa maslahatchiga.

-Albatta, karnay-surnay bilan kutib olamiz.

-Ko’p ham oshirib yuborma, ayni paytda u jo’jaxo’rozga o’z o’rnini ham ko’rsatib qo’yishimiz kerak, mana menday odam ham o’z o’rnimni bilaman.

-Albatta, xo’jayin, biz ham bilamiz! Sizning o’rningiz Haydar Aliev, oldingi Turkmanboshi kabi tajribali insonlarning yonida! (3-3-2007).

 

O’RIN – (7)

-Mana bu o’rin ko’zimga juda ham yomon ko’rinayati, buning ustiga eskirganmi, qanaqadir hid ham kelib turibdi,-dedi Aldarko’sa maslahatchiga o’zi o’tirgan o’rinni ko’rsatib.

-Soqol olgandan keyin atir sepishdimi?

-Doim sepishadi.

-Hm.. Ko’zoynakni tozaladingizmi?

-Bo’lmasachi, uni har kun tozalashadi.

-Bo’lmasa, bu o’rinni tozalash kerak. (3-3-2007).

 

O’RIN – (8)

-Qozoqlar Mustafo Cho’qaev haqida film olishibdi?-dedi maslahatchi Aldarko’saga.

-U kim bo’ldi?

-Boymirza Hayitning oshnasi…

-U filmni man et, zinhor bazinhor ko’rsatma! Ularning hammasi ablah nemislarga sotilgan. Vatan xoinlariga bizda o’rin yo’q? Kerak bo’lsa shunday deb gazetalarga ham yoz!

-Kelib-ketib yurgan nemis oshnalarimiz xafa bo’lishlari mumkin-da!

-Xafa bo’lmaydi, bu o’rinda vaziyat teskarisi, ular bizga sotilgan. (4-3-2007).

 

O’RIN – (9)

-Siyosiy mahbuslardan hali yana ko’pchiligi qamoqlarda, ularni qachon ozod qilmoqchisiz?-dedi avropalik vakil Aldarko’saga.

-Ko’pchilik ekanligini siz qayoqdan bilasiz?

-Ma’lumotlarga ko’ra…

-Qanaqa ma’lumotlar? Mana hamma ma’lumot menda. Men planlashirish idorasidan chiqqanman va hamma narsani planli tartibda yuritaman. Bilasizmi nega KPSS se’zdlariga besh ming nafar delegat saylangan?

-Yo’q?

-Ana ko’rdingizmi, bilmaysiz. Chunki Kremldagi majlislar zalida besh ming kishiga o’rin bo’lgan. Zal limmo-lim bo’lib turadi. Oshib ham ketmaydi, kam ham bo’lmaydi. Buni sizlar tushuna olmaysizlar. Bizning butun hayotimiz, siyosatimiz shunday. Hatto qamoqlarimiz ham. Oshib ketdimi, amnistiya e’lon qilamiz, bo’shab qoldimi, darhol to’ldiramiz. Hamma gap u erdagi o’rinda! Mana hozir yana bir qancha o’rin bo’shagan! (5-3-2007).

 

O’RIN- (10)

-Dekabr oyida maoshlar falon dollarga teng deganingizdan keyin bozorlarda narxlar tusha boshladi, bu xazinaga tushumni ham kamaytirmoqda,-dedi maslahatchi Aldarko’saga.

-Bo’lmasa maoshlarni yana eski holiga qaytarib qo’yamiz.

-Buning iloji bormikan?

-Nega bo’lmasin? Bitta farmon bilan o’rniga tushiramiz. Maoshlarni oshirish haqida Farmon chiqarsak bas! Guldur gup, pildir pis! Narx-navo bir kunda ko’tarilib ketadi.

-Ha-ya, shunga ham kallam ishlamabdi.

-Seniki ishlamaydiyam! Faqat menga o’xshab o’rniga chiqib olgan odamgina kallasini ishlata oladi. (6-3-2007).

 

KUTISh

Aldarko’sa endi uyqudan uyg’ongan ham ediki, maslahatchi telefon qilib qoldi. Bunga Aldarko’saning jahli chiqdi:

-Kallayu saharlab nega telefon qilayapsan? Senlarning dastlaringdan tinchlik bormi o’zi?

-Kechirasiz, bilasiz-ku bekorga bezovta qilmayman. Favqulodda vaziyat chiqib qoldi.

-Nima bo’ldi yana?

-Turkmanboshi kelib qoldi…

-Nima?

-Turkmanboshi…

-Axmoqmisan, hali u dunyodan hech kim qaytib kelmagan.

-Bu shu dunyodagisi, vaqtidan oldin kelib qoldi.

-Kutsin!

-Lekin…

-Nima lekin? Kim bo’libdi bunisi? Kerak bo’lsa, narigisi tirilib kelsa ham kutsin!

-Unisi o’sha yoqda kutib turgandir! (10-3-2007).

 

MUQADDAS NARSA

-Amerikadagi eng katta shaharning hokimini fohishalar bilan ushlashibdi,-dedi maslahatchi Aldarko’saga.

-Nima qipti? Shu ham xabarmi?

-Butun Amerika shu haqda gapirmoqda. Butun dunyoda ham shuni yozishmoqda.

-Ularda muqaddas narsaning o’zi qolmadi. Ilgari prezidentini ham ushlashgan edi.

-Ha, Xudoga shukurki, biz o’sha tomonlarda emasmiz! (11-3-2007).

 

ZAIFLAR

-“Brookings Institution” rivojlanayotgan dunyoda mamlakatlarning zaiflik o’rni ro’yxatini e’lon qilibdi,-dedi maslahatchi Aldarko’saga.

-Biz nechanchi o’rinda ?

-35-chi.

-Tojikiston-chi?

-42…

-Qirg’izlar?

-73…

-Qozoqlar-chi?

-89-chi.

-Ha, yasha, ana farqni ko’rayapsan-mi? Sanlarga jannatni va’da qilgan edim. Mana o’sha kunlar ham keldi. Hammadan oldindamiz. Hali yana ham oldinga o’tamiz! Bu ro’yxatda birinchi va ikkinchi o’rinda kim ekan?

-Somali va Afg’oniston…

-Nima?

-Chunki ro’yxat eng zaiflardan boshlab tuzilgan-da! (12-3-2007).

 

QIZ

Zerikib o’tirgan Aldarko’sa maslahatchisini chaqirib, undan so’radi׃

-Kecha bir yangilik aytganding, natijasi nima bo’ldi?

-Qaysi yang-lik edi?

-Ana u-chi, Amerikada rahbarlardan bittasi fohishalar bilan qo’lga tushgani.

-U ishdan ketdi. Aytganimdek, Xudoga shukr-ki, biz u yoqlarda emasmiz.

-U yoqda bo’lsak nima qipti? Balki senga qiyin bo’lardi? Ammo menga emas! Chunki menikilarning orasida fohishasi yo’q, hammasi durkillagan qiz!

-Qiz? Nahotki?! Yo tovba! (13-3-2007).

 

 

3 Responses

  1. […] 15.Ankabut (Siyosiy latifalar) […]

  2. […] 15.Ankabut (Siyosiy latifalar) […]

  3. […] 15.Ankabut (Siyosiy latifalar) […]

Comments are closed.