Jahongir Muhammad: Vatan Mansiz, man vatansiz-II qism

QARASHLAR

E’TIQOD

E’tiqod kurash quroli, yashash uchun, hayot uchun, kurash uchun kurash quroli.

E’tiqodsiz odam o’rmon jonzoti.

E’tiqodli odam xafli odam, e’tiqodsizlar uchun.

E’tiqod uchun sevmaydilar…

E’tiqod uchun qopadilar, qamaydilar, o’ldiradilar…

E’tiqod qancha-qancha gunohsizlarning qotili.

Qotilni ichimizga qamab qo’yganmiz.

Qani endi hammaning o’z shaxsiy qotili bo’lsa?!

SHOIRLAR

Yaxshi yo yomon shoir yo’q. She’r bu bu qalb. Qalbning yaxshi yo yomonligini o’lchaydigan diagnostika – aniqlash markazi yo’q, hali va bo’lmaydi ham.

Xalq tan olgan shoirlar bor. Ular xalq aytolmagan dardni aytolganlari uchun xalq tan olgan shoirlardir.

Xalq tan olgandan so’ng xalq dardini bila turib indamay ketgan shoirlar ham bor. Ular xalqqa va o’zlariga xiyonatchidirlar.

Xiyonatchi shoir unvoni yo’q. Ammo xalq nazaridan qolish bor. Bu nomni ko’proq otlari chiqqandan keyin podshohni “sevib” qolgan saroy shoirlari oladilar.

Ajab?! Podshoh o’ldiruvchidir. Uning qilichi she’r nimaligini bilmaydi. Boshning ham farqi yo’q unga.

Ajab?! Bu shoirlar nega o’z boshlarini kundaga qo’ydilar? Xalqdan, uning dardidan charchadilarmi?

Xalqdan, uning dardidan charchash, qochish mumkin, lekin podshohdan qochish qiyin.

Nazarimda, ular shoirlikdan charchaganga o’xshaydilar.

Saroy sohibiga qulluq qilganlar shoirlikni Tangriga topshirganlardir.

Ulardan xafa bo’lmang, ular baxtsizdirlar…

Ularni eslab turing, nima bo’lganda ham bir vaqt shoir edilar.

MARDIKOR

Mardikor – mard, erkak ishi.

Mardikor – sotsializm vujudidagi og’riq.

Mardikor – insoniyat kelajagining ibtidosi…

Yashash uchun mehnat qilamiz, yaxshi mehnat qilamiz, biroq yaxshi yashamaymiz. Boisi mehnat qadri, mehnat qiymatini bilmaymiz.

Mehnat qiymatini bilish o’zlikni bilishdir.

Sotsializm mehnatning qiymati eng qadrsiz bo’lgan davr.

Kommunistik rejim har qancha urinmasin, inson mafkurasi va o’zi atrofida har qancha to’siqlar yaratmasin, mehnat qiymatini bilganlar bor edi.

Ularni jamiyatning eng keyingi odamlari deb hisoblashardi.

Ular – mardikorlar sinfi.

Talabalik, yoshlik yillarida mardikorlar sinfida tahsil olganlar bugun muxolifatda.

Ularning ustidan kulganlar hokimiyatda. Shu bois ham demokratiya, yangi tuzum gapga, safsataga aylanib qolmoqda.

Mardikor- ongli shaxs. U mehnati qancha turishini hisoblay oladi. Mehnatini arzonga sotmaydi. Sifatsiz mehnat qilolmaydi.

Mardikor – intizomli shaxs. Uning boshida kaltak ko’tarib turish kerak emas. Unga ishni belgilab bersangiz, bas. O’z-o’zini intizomga bo’ysundiradi.

Mardikor – xalqchil shaxs. Siz bilan erkin tortisha oladi. O’z fikrini asoslashni biladi. Mushtlashuvga, savashga bormaydi. Uning maqsadi va manfaati bunga yo’l qo’ymaydi.

Mardikor – jasoratli shaxs. U engil ishni emas, og’ir ishni tanlaydi. Shunga yarasha haq talab qiladi, kunning qadriga etadi.

Albatta, bu biz orzu qilgan jamiyatning ibtidosi. Intihosi qanday bo’ladi?

Bu savolga javob berishdan oldin, “Men mardikorman” deb xayoldan kechiring. Ha, o’zingizni o’zingiz haqorat qilgandek tuyuladi.

Demak, oddiy haqiqatni anglamoq zarur.

Ibtidosiz intiho bo’lmaydi. Qolgan gaplar yolg’on …

MUROSA

Kuchli va kuchsiz raqiblar o’rtasida murosa yo’li bormi? O’rtada eng yorqin chiziq g’alaba yo mag’lubiyat chiziqlaridir.

Kuchli tomon murosaga borishi mumkin. Bu hiyla murosasi yo murosa hiylasi.

Murosa uchun o’rtaga tushuvchilar bor, ularni na kuchlilar va na kuchsizlar manfaati qiziqtiradi. Ular uchinchi, ya’ni o’z manfaatlari nuqtai nazaridan ish ko’radilar.

Kuchlilar ularni kuchsizlarning do’sti hisoblaydi va kechirmaydi. Kuchsizlar esa sotqinlikda ayblaydi va kechirmaydi. Murosa aslida ikki tarafning ishi, uchinchi taraf ortiqcha.

Murosa kuchlari teng bo’lgan taraflar o’rtasida yashay oladi.

Kuchlar bir tarafga og’gan zahoti murosa o’ladi…

AMOZONKA

Uzoq zamonda, olis tomonda, go’zal bir yurtda yolg’iz ayollar yashasharkan. Ularni amozonkalar deyisharkan.

Shohlari – ayol.

Shoirlari – ayol.

Chavandozlari, sipohlari – ayol.

Ayollar nega erkaklardan kechgan ekanlar o’shanda?

Erkaklarning er emasligi …

Erkaklarning erksizligi …

Erkaklarning xoinligi ularning ko’ngillarini og’ritdimikan?

Zamonlar kechib amozonkalar bir o’lkada – paxtazor o’lkasida paydo bo’ldi. Amozonka …

Faqat: shohlari – erkak …

Shoirlari – erkak …

Chavandozlari, sipohlari ham.

Amozonkalar ulardan kechib paxta dalalarini vatan qilganlar.

Qozonganlari xastalik. Dahshatli xastalik … Malhamsiz xastalik …

Qiziq, dunyoning sirli uchligi bor. Amozonkalar mamlakati uchinchi marta qay ko’rinishda paydo bo’larkin?

Agar ular tirik qolsalar!

SHAXS

O’zining o’zligini anglovchi …

O’zining o’z fikrini asoslovchi yoki o’zgartira oluvchi …

O’zining o’z qarashini o’ldirishga qodir …

O’zining o’z dunyosiga hukmdor kishi Shaxs bo’la olishi mumkin.

Faqat o’z jonidan kecha bilsagina.

Jonini sevar ekan maxluq bo’lib qolaveradi. Jon uning o’z mulki emas. Jon unga berilgan omonat. Omonatni esa sevmaydilar, undan keragida foydalanib, so’ng egasiga qaytaradilar.

Jondan esa shaxs degan mulkni qozonish uchun jonni sevish emas, ishlatmoq talab etiladi. Shaxs bo’lish imkoniyati yo’q emas. Shaxs bo’lmaslik imkoniyati esa mavjud.

SHUHRAT

Shuhrat kasallikmi? Shuhrat orzu, ilinjmi? Balki maqsaddir?

Nazarimda, shuhrat pulga o’xshaydi. Hamma pulni, puldorni, pulga mehrni qoralaydi til uchida. Aslida, pulni sevadilar, puldorni hurmat qiladilar, pulga mehr qo’yadilar.

Pulni qora mehnat evaziga …

Qora mansab evaziga …

Qora ishlar evaziga qozonish mumkin.

Shuhrat-chi?

Qora mehnat…

Qora mansab…

Qora ishlar… evaziga keladi.

Pul foniy ekan, shuhrat ham foniydir.

Pul boqiy ekan, shuhrat ham boqiydir.

HOZIRJAVOB BOYO’G’LI

Boyo’g’li tepalikdan oyog’i ostidagi xarobalikka boqib rohatlanayotgandi. “Pir-r” etib yoniga chittak qo’ndi.

– Mening saltanatimda nima qilib yuribsan? – o’dag’ayladi mezbon.

– Boyo’g’li aka, besh yil oldin bu erlar obod edi, yo men adashib qoldimmi?

– Adashmading, – kerildi boyo’g’li, – besh yil burun bu erda men yo’q edim.

HAYKALLAR

Loydan…

Og’ochdan…

Temirdan…

Va Odamdan tiklanadi haykallar…

Bolakaylar loydan…

Darveshlar og’ochdan…

O’qimishlilar rango-rang temirlaru ganchdan yasaydilar haykallarini. Qolganlari sig’inishadi haykallarga, dinu Xudoni tark etib.

Odam haykallarni esa saylaydilar, tanlaydilar odamlar ichidan odamlar… So’ng sig’inadilar unga.

Haykallar yuraksiz, qalbsiz, qonsiz vujud.

Haykallar yuraksiz, qalbsiz, qonsiz vujudlarning yolg’on xudosi…

TARIX

Eng rostguy va eng yolg’onchi donishmand – tarix.

Sen rostgo’y bo’lsang, haqiqatni so’zlaydi u.

Yolg’onchi bo’lsang seni aldaydi.

Uning ertaklarisiz yashay olmaysan, quloqlaring bitib qolishidan qo’rqasan.

Rostgo’y bo’lsang, o’zing yolg’on tarixga aylanasan haqiqatni tinglayverib.

Yolg’onchi bo’lsang, rost tarixga aylanasan yolg’onni o’rganaverib.

Birinchi yo’lni tanlash huquqi yo’q. U majburiydir rostgo’ylarga.

Ikkinchi yo’lni tanlash huquqi bor. U ixtiyoriydir yolg’onchilarga.

Bu ham tarixning hukmi.

ERKINLIK

Butun dunyoni birlashtiruvchi yagona din bor. Bu erkinlik dini.

Uni saqlab qolish uchun kurash boradi dindorlar ichida.

Uni yo’qotish uchun jang boradi dinsizlar jabhasida.

Erkinlik dinining dushmanlari ko’p. Ular tish-tirnoqlarigacha qurollanganlar, kuchlidirlar. Yengib borayotirlar, faqat, faqat, e’tiqod chalajonligidan.

Bu dinni istaguvchilar bir qadar oz.

Biroq g’olib kelmoqdalar e’tiqod butunligidan.

Erkinlik diniga kirishdan cho’chiyotgan uchinchi toifa hal qiladi qolganini.

SHOH

Dunyoda ikki mutloq ozod etilmaydigan qul bor. Biri ota va ona. Ular farzandlarining qullaridirlar. Bolalarining tashvish, dardlari boshlarida hukmron. Tashvish, dard sarhadsizdir. Ota-onani bu qullikdan Tangri ham ozod qilmaydi. U dunyoda ham ularni farzand tashvishi, dardi tinch qo’ymaydi.

Ikkinchisi shohdir. U o’z o’zining qulidir.

Aytgan gapi, so’zi unga hukmron.

Tashlagan har bir qadami unga hukmron.

Qilgan-qilmagan ishlari unga hukmron.

Taxtsizlik ham uni bu qullikdan ozod eta olmaydi.

Aytgan gapi, so’zi, har bir qadami qilgan-qilmagan ishlari qilichini yalong’ochlab turaveradi.

Qilichli hukmron uni qabrda ham ta’qib etaveradi.

Shoh bo’lishdan avval buni o’ylab ko’rarmikanlar?

Bu savolim, ota bo’lishdan avval o’ylab ko’rarmikanlar, degandek mantiqsiz tuyuladi o’zimga.

DO’ST

Tasodif senga kimnidir do’st aylaydi.

Taqdir senga kimdir do’st etadi.

O’zing o’zinga kimnidir do’st deb bilasan.

Tasodif topib bergan do’st tasodifdan yo’qoladi.

Taqdir in’om etgan do’stni taqdiring qochiradi.

O’zing topgan do’sting yo xoinlik qiladiyu yo ishonchingni o’g’irlaydi yo o’zingni tark etadi.

Sen yo’lab ko’rdingmi?

Bu dunyoda do’st bormi? Albatta bor.

Eng sodiq do’st o’zing.O’zing-o’zingni tark eta olmaysan.

Eng sodiq do’st g’aming, darding. Ular seni tar etmaydilar.

Eng sodiq do’st sen yaratgan dunyo.

U hatto sendan keyin ham senga sodiq bo’lib qoladi.

UMR YO’LDOSHI

Ayol … zaifa deydilar.

Ayol … sochi uzun aqli kalta, deydilar.

Ayol … uning aytganini teskarisini qil, deydilar.

Ayol… uni qamchi ostida saqla, deydilar.

Ammo hamma erlar zaifaning oldida zaif bo’ladilar.

Sochi uzun aqli kaltadan maslahat oladilar.

Uning aytganini teskarisini emas, aynan o’zini qiladilar.

Uni qamchi ostida tutganlar, qamchi ostiga tushadilar.

Nima bu? Inkorni inkor qilishmi?

Yo haqiqatdan qochib, haqiqatga yo’liqishmi?

Aslida ayol erining gunoh tashuvchisidir.

Gunoh esa ko’p va og’ir. Uni ko’tarib ko’rmaganimiz uchun qanchaligini ham bilmaymiz.

Xayriyatki, ko’tarib ko’rishga urinmaymiz, naqd sharmanda bo’lardik.

XALQ

Xalq … kim uchundir to’da yo olomon.

Kim uchundir qalqon. Yana kim uchundir Millat, Vatan, iftixor, ona timsoli.

Xalq bugun bilan yashaydi. Aladasalar ishonadi. So’ng tahlil qiladi. Faqat biroz kechikadi tahlilida. Biroq tahlil mutloq haqiqat xirmonida sovruladi.

Xalq… Kimlardir uni boshqarishni istaydilar, kaltak bilan.

Kimlardir uni ozod etmoq istaydilar.

Kaltakni unga berib.

Kimlardir uning ulug’ va buyukligini o’ziga anglatmoq istaydilar, o’zlari anglamasalar-da.

Hamma holatda ham xalq muhoraba markazi .

Markazga intilish g’alabaga, markazdan uzoqlashish mag’lubiyatga olib keladi.

Xalq hammasini ko’rib turadi…

Eshitib turadi…

Bilib turadi…

Indamaydi. Bu uning oddiyligidan. Oddiylik esa buyuklikning qoyasidir. Qolaversa, U ko’p gapirib tortishib o’tirmaydi.

Eng oxirida bir marta gapiradi.

Ana shu bir gap uni yo millatga yo olomonga aylantiradi.

Millatlar bor. Demak, ular o’z gaplarini aytgan xalqlardir.

Olomonlar bor. Ular o’z gaplarini aytishni kutib turgan xalqlardir.

QARTA

Ulfatlar qarta o’ynaydilar.

Kimdir yutadi, kimdir yutqazadi.

Yutganlar quvonadilar, kuladilar yutqazganlar ustidan.

Yutqazganlar jim, asablariga tegirmon toshi osilgan.

Yana o’ynaydilar.

Yana shu ahvol.

Kimdir o’zini aqlli hisoblaydi, birovni ahmoq sanab.

Kimdir baribir yutaman, deydi hirsini hovuchlab.

Sho’rlik tuz va “uruvchi” qartalar esa darrov unut bo’ladilar, chunki ular mustaqildirlar. Doim bir odamga yon bosishni istamaydilar.

PARDA

Derazaning pardasi…

Yurak pardasi…

Yuz pardasi…

Derazaning pardasi yirtilsa, tikish mumkin.

Xotira bu voqeani darrov unutadi.

Yurak pardasi yirtilsa, bitishi mumkin, taxmondagi to’shaklar yiqilib turaverish dardidan engil tortadilar faqat.

Xotira unutadi bir kuni.

Yuz pardasi yirtilsa-chi? Tikish mumkinmi?

Mumkin. Ignasi bardosh, ipi yillar …

Bitib ketgani bilan xotira unuta olmaydi pardasi yirtilgan yuzni…

SOCH

Qizaloqning sochi…

Jamalaklar osiladi tortqilab o’stirgali …

O’sgandan so’ng patixaverib sil qiladi qizni.

U yo azoblar bilan go’zallikni aralashtirib yashayveradi yo kesadi sochni.

Kesilgan sochni avaylab yo tok ostiga ko’madilar, yo devor yorig’iga qo’yib, ustidan suvaydilar.

Go’zallikning vafot etgan bo’lagin…

O’g’lon sochi … o’saveradi, kesaveradilar …

Bu ham go’zallikning ramzi …

Faqat qaychilangani sartaroshning oyoqlari ostida qoladi.

Vaqt kelib soch manzilini tashlab ketsa-da, o’rnini aqllilik ramziga aylantirib ketadi.

Soch umrga qiyos…

O’stiramiz, kesamiz…

Yana o’stiramiz, kesamiz…

Manzilini tashlab ketganda yaltiroq, taqir joy qoladi ko’pincha. Farq shunda.

HUSNIXAT

Daftar varaqlari oq…

Uni gohida mazmun to’ldiradi, gohida mazmunsizlik.

Gohida she’rlar sherik bo’ladi uning oqligiga qora harflar bilan, gohida raqamlar egallaydi sathini.

Birov o’qiydi yo yo’q.

Inson chehrasi, yuzi ham sahifadek oq bo’ladi avvaliga. Yillar ijod qiladi, balki she’r yozar, balki raqam. Hamma o’qiy olmaydi.

Chunki bolakay varaqni chizib tashlaganiday, yillar ham ko’pincha bu ikki sahifani chizib-chizib tashlaydilar.

Mavhum chiziqlar…

Yillarning qo’lini tutib yozishga, chizishga birov emas o’zimiz o’rgatamiz.

Muallimga bog’liq husnixat hamma vaqt ….

TOBUT

Hovli. Sahar uydan chiqib toza havo qo’yniga sho’ng’iysan. Engil tortasan. Fikringda yulduzlar chaqnaydi. Erni chopish, ekish haqida o’ylaysan.

Nuragan devorni suvash kerakligini rejalashtirasan.

Hovlining to’ridan o’g’lingga atab ikki xonali bo’lsa-da, uy solmoq istaysan. Me’morga o’xshaysan bu damda.

Hovlidagi daraxtlarni tartibga keltirmoqni ko’ngilga tuyasan. Bog’bonsan shu damda.

Darvozani ranglash xayolingdan kechadi.

Yo’laklarga tosh to’shasammikan, deysan…

Xullas, hovli o’ylatadi, fikring ijodda.

Ko’p qavatli, ko’p yo oz xonali beton uyda-chi?

Sahar uyg’onasan bo’g’iq havoda. Istar-istamas televizor qulog’ini buraysan. Hatto yuz yuvayotganingda jumraklardan oqqan suv ham to’rt tomonga sachrab asablaringni sinaydi.

Har kun shu hol. To’rt taraf devor. Fikringda ham to’rt tomon devor. Qafasga tushib qolganga o’xshaysan. Tafakkuring nolon ijodsizlikdan…

Yozda bo’g’ilasan issiq ostida. Issiq – ezg’ilaydi seni.

Nega hovlini tark etib bu joyga kelding?

Endi bu savol xayolingga kelmaydi. Savol yo’llarini ham qisib tashlagan devorlar.

Qocholmaysan, devorlar qo’ymaydilar, chunki seni shunga mahkum etganlar. Bu esa siyosat. Men siyosatga aralashmayman.

Balki ko’p qavatli uy derazasidan tobutni arqon bilan tushirish siyosat emasdur?

MAQSAD

Avval avtobusni yaratdilar. Avtobus erkinlik ko’chasidan ketdi.

So’ng tramvayni yaratdilar. Tramvay temir yo’l quliga aylandi.

Boshi qotgan yaratuvchi trolleybusni ixtiro qildi.

Trolleybus simga osilib qoldi. Gohida “qo’l”larini “dor”dan uzgani bilan yana mahkam ushlaydi qaytadan. O’ ham qullik ko’chasidan ketdi.

Balki ixtirochining maqsadi shuldir? Axir tartib bor bu yurishda. Arzdod ham kam.

Lekin, Tangri biz odamlarni yaratishda bu maqsadni ko’zlamagandi-ku?!

SAHRO

Sahro jizg’anak…

Qum lovullaydi. O’tinchi bobo Quyosh charchoq bilmaydi.

Sahro sarg’ayib yotadi. Lekin ko’ksida hayot bor.

Ilondan tortib qumursqagacha sahroni sevadi, uni tark etmaydi. U bilan birga.

Bizning ko’ksimiz sahroga aylansa, hatto ilon ham, qumursqa ham sevmaydi. Tilka-tilka aylaydi. Nega?

Nazarimda o’tinchi boboning taftiga bardosh bera olmaganimizda sabab. Bardoshi siniqlarni qumursqalar ham pisand etmaydilar. Ilon haqida esa gap bo’lishi mumkin ham emas.

SOTQIN

Sotqin bo’lib tug’iladilar sotqinlik to’shagida…

Sotqin bo’lib o’ladilar sotqinlik to’shagida sotqinlar.

Sotqinni tarbiyalash, qaltis yo’ldan qaytarish mushkul. Bu uning hayot tarzi.

Dunyoda sotqinlar partiyasi, sotqinlar sinfi tuzilsa, ular darrov dunyoda hukmronlikni qo’lga olardilar. Sotqinga ishonmaydigan, uning tuzog’iga ilinmaydigan odam yo’q.

Ular fuqarolar urushini boshlamaydilar.

Tanklar olib kirmaydilar maydonlarga.

Odamlarni o’qqa tutmaydilar.

Ular ko’ngil mulkida urush boshlaydilar.

Ko’ngil mulkiga tankdan og’irroq zambaraklar olib kiradilar. Ular ko’ngil bolalarini beshigida bo’g’adilar.

Holsizlik boshlanadi dunyoda. Ular esa hokimiyatni oladilar qo’yadilar.

Bundan Xudo asrasin.

Bundan Xudo asray olarmikan?

Axir sotqinlar Tangriga qarshi bosh ko’targan shayton la’yinning jigargo’shalari.

Ayb bizdami? Rahmonga emas, shaytonga moyilmiz.

Shu bois do’stimizdan ajralamiz, sevgimizdan ajralamiz, yurtimizdan ajralamiz, iymon-e’tiqoddan ajralamiz.

IMPERIYA

Bolakay tobora ko’proq eyishni istaydi.

Bola tobora ko’proq eyishni istaydi.

O’smir tobora kuchliroq bo’lishga intiladi.

Talaba ko’proq, ko’proq o’qishni emas, tezroq manzilga etishni orzu qiladi.

Ko’pchilik tobora ko’proq pul topish, ko’proq va kattaroq joyga egalik qilish ishqida yashaydi.

Oila boshqa oilalardan yaxshiroq yashashga, ulardan yaxshiroq kiyinishga urinadi.

Qabila boshqa qabilalardan baland bo’lish uchun kurashadi.

Ulus tobora kengayishni istaydi.

Davlat boshqa davlatlarni o’ziga qaratmoq va shu asnoda imperiyaga aylanishni sirtdan mo’ljallaydi.

Bu – torlikdan kenglikka, qafasdan dunyoga chiqish falsafasi.

Bu – Xudoga sheriklik falsafasi.

Bu – dunyodan to’ymaslik falsafasi.

Har uch falsafada ham jon bor.

Biroq, o’z qobig’ida qolish yuksalishdan to’xtash, kamolotdan chekinishdir. Bu ham falsafa. Shu ma’noda imperiya qurishga intilgan xalqlarga havasim keladi. Ular o’zliklarini anglaganlar va o’zlarini ulug’ hisoblaydilar.

Biz esa ularni qoralaymiz, qoralash bilan ovoramiz. Vaqt kutmaydi. Bir kuni mag’lub bo’lamiz.

Buning o’rniga kenglikka intilish qoidasini tinglash emas, aqalli buzmaslikka urinsak bo’lmasmikan?!

O’z Imperiyasi sari intilmagan xalq qaysi bir imperiyaning tarkibiga kirib qolganini o’zi ham bilmaydi.

Bolaning qo’lini tutmang, u imperiyaga intilmoqda…

CHIGIT

Chigit – urug’. Ulkan xirmonlarning urug’i.

Chigit – umid. Yaxshi kunlarning umidi.

Chigit – najot. To’kin-sochin yashamoq najoti.

Chigit -kafan. Bu dunyoni tark etganlarning libosi.

Chigit – azob. Azobdan boshqa narsani bilmaganlarning azobi.

Chigitsiz yashayotganlar ham ko’p.

Umidsiz, najotsiz, kafansiz qolganlari yo’q.

Faqat azobdan yiroqlar.

Chigitsiz yasholmaydiganlar bor. Umidsiz, najotsiz, kafansiz qoladilar ba’zan.

Bu dunyo tanlov.

Bu dunyo zo’rlik. Kim tanlovni tanlaydi…

Kim zo’rlikni…

Bu ham chigitga bog’liq. Tanlovchining chigitiga…

OLTINCHI PALATA

Chexov degan mashhur yozuvchining mashhur “Oltinchi palata” hikoyasi bor.

Devonaxonaning “oltinchi palata”sidagi jinnilar taqdiri haqida yozilgan.

Lenin degan mashhur kimsaning mashhur gapi bor׃ “Bu dunyo oltinchi palatadir”.

Bu dunyoni “Oltinchi palata”ga aylantirmoq istagida aytilgan gap. Bir qismini aylantirdi ham.

“Oltinchi palata” kichik palatalarga bo’lindi, oltinchi palata bo’lmaslik uchun.

Keyin yana bir Eltsin degan odam “Oltinchi palata”ni tiklamoqqa kirishdi.

Ammo “Oltinchi palata”ning oynalari singan, eshiklari qo’porilgan, do’xtirlari ish tashlashga ketganlar.

Endi “Oltinchi palata”da faqat majlislar o’tkazilmoqda, hujjatlar imzolanmoqda derazalarni, eshikni tiklash uchun.

“Oltinchi palata”ning sobiq xastalari esa tashqarida navbat kutib turibdilar.

Balki “Oltinchi palata”ni yozgani uchun o’sha mashhur Chexovni taqdirlamoq, mukofotlamoq masalasi navbatdagilarning gurungida bosh masaladir?

Balki “Oltinchi palata”dan qochgan kamina hali tuzalmagani uchun shunday xayollarga borayotgandir?

Balki mening ham “Oltinchi palata” haqidagi gapim mashhur bo’lib ketar. Ajabmas?!

Axir “Oltinchi palata”dan olganim yolg’iz orzu -da!

Zotan, “Oltinchi palata”da orzudan boshqa narsaga haqqim yo’q edi.

TENNIS

Tennis stolining ikki tarafida ikki o’g’lon, o’rtada shar-to’p.

Shar tarsakki eb borib kelaveradi. Qochmoq, qutilmoq istaydi. Ilojini topolmaydi.

Sarson shar er shariga o’xshaydi. Ikki chetda ikki jahongir.

Er aylanaveradi. Quyosh va oy – biri kuchli, biri kuchsiz jahongirlar uning taqdirini hal qiladilar. Ishqilib, “qo’l”laridan tushib ketmasin!

GUGURT

Bir qutining ichida yuzlab “odamchalar” qamalgan. Hammasining boshi chaqmoq, olov.

Mustaqil holda yonsalar, qutichadan tashqarida yonsalar bir nav.

Quticha ichida bittasi yonsa, hammasi lovullab ketadi.

Tashqaridan ta’sir bo’lmasa, o’z soatlarini kutib yotaveradilar.

Ha, tashqi ta’sirdan asrasin kallali odamchalarni …

AROSAT

Arosat – yaxshi va yomon orasidagi ilon yo’li.

Arosat – aniq va noaniqlikning beli.

Arosat – beshik va tobut o’rtasidagi bo’shlik.

Arosat – kurashdan kurashsizlikka, kurashsizlikdan kurashga qo’yilgan holsiz qadam.

Arosat- hammani va har kimni adashtiradigan jangalzor.

Yaxshi va yomon orasidagi ilon yo’lidan tez-tez o’tamiz. Gohida oyog’imiz qavaradi, gohida dilimiz eziladi. Gohida bu yo’lni sezmay ham qolamiz.

Arosatni sezmaslik mumkin…

Arosatni unutish mumkin emas.

Aniq va noaniqlikning xipcha belini tutmagan qo’l yo’q. Gohida qo’limiz kuyadi, gohida rohat oladi.

Arosatni sezmaslik mumkin emas…

Arosatni unutish mumkin.

Bashik va tobut o’rtasidagi bo’shliqda kezamiz.

Mazmunli – mazmunsiz. Mantiqli – mantiqsiz.

Arosat shamol bo’lib, izg’irin bo’lib, jazirama bo’lib, sarrin bo’lib yonimizda yuradi.

Arosatdan qochish mumkin emas…

Arosatni engish mumkin.

Kurashdan kurashsizlikka, kurashsizlikdan kurashga qo’yilgan holsiz qadamga ilingan arosatni ba’zan ko’ramiz, ba’zan ko’rmay qolamiz.

Arosatni ko’rish shart.

Arosatni ko’rmaslik o’lim.

Hammani va har kimni adashtiradigan jangalzorda vujudimiz tilingan, qon sizib chiqib, zardob oqqan yurakdan.

Shundan keyin ham arosatni anglamaslik arosatga aylanishdir.

Arosatga aylanish esa yaxshi va yomon, aniq va noaniqlik, beshik va tobut, kurash va kurashsizlik orasida dunyoga xalaqit berish, hayotni holsizlantirish, kamolotga g’ov bo’lishdir.

Arosatga aylanmaslik esa mushkul, juda va juda mushkul.

Tanla!

OLOMON

“Qachon xalq bo’lasan, ey, sen olomon!” Kommunistik g’oyalarga shilta bu satrni mashhur bir shoir yozgan.

Ha, bu haqorat!

Odamlarning ongli bir qismini haqorat qilish.

Olomon – odamlarning eng ongli qismi.

Olomon – odamlarning xalq bo’lgan qismi.

Olomon – boshqarilishni istamaydigan, boshqarishni istaydigan xalq.

Olomon – e’tiqodi, fikri, dunyoqarashi yaqin, uyg’ongan kishilarning birligi.

Olomon – haqsizlik, adolatsizlikka isyon.

Olomon hamma gapga qarsak chalishni, qo’l ko’tarishni istamaydi. Uning e’tirozi yorqin.

Qarsak chaladi – haq uchun …

Qarsak chaladi – e’tiqodi uchun…

Olomon g’alaba qilishi mumkin. Bu uning engilishi.

Olomon mag’lub bo’lishi mumkin. Bu uning g’olibligi.

G’alabaga erishsa, u ishongan odam uni yo sotadi, yo otadi, yo xarob etadi, yo undan uzoqlashadi.

Mag’lub bo’lsa, bir qismi qiriladi, qonga bo’yaladi, biroq qonxo’rning qo’li qonga botganini isbotlaydi.

Isbot – mutloq g’alabadir!

Millat bo’lish uchun olomon maktabini o’tamoq lozim.

Olomon maktabi ochlik, izg’irin, jazirama, o’q-olovdan qo’rqmaslik – jasorat maktabi.

Olomon maktabi – aldovga, yolg’onga, xiyonatga qarshi ishonch, diyonat, o’zlikka da’vat maktabi.

Qaydasan olomon – millatga aylanayotgan erk.

Men senga, ha, sen ongli olomonga qo’shilishni istayman.

Seni boshqarish mumkin emas, deydilar. Shuning uchun ham senga qo’shilishni istayman …

Boshqarish mumkin – podani…

Boshqarish mumkin emas OLOMONni …

MAVHUMLIK

Dunyoning eng og’ir yuki mavhumlikdir.

Mavhumlik o’limdanda, darbadarlikdanda, etimlikdanda og’ir. O’lim – aniqlik.

Darbadarlikning nihoyasi bor.. Kimdir eshigini ochadi.

Etimlikning issiq kunlari bo’ladi.

Boshingni silaydigan qo’l topiladi.

Mavhumlikning na sarhadi, na ko’rinishi, na eshigi va na qo’li bor.

Mavhumlik o’zingni yo’qotganingda …

Kalla qolib boshdan ajralganingda …

Qayiq cho’kib ketib, ummon o’rtasida qolganingda hukmronlikni boshlaydi.

O’zini yo’qotgan odam o’zini topishi mumkin agar avvaldan o’zi bor bo’lsa …

Boshini yo’qotgan odam boshini topishi mumkin, agar avvaldan boshi bor bo’lsa…

Dengizdan qutilib chiqishi mumkin, agar xaloskori topilsa…

Biroq mavhumlik makkor shoh. Hiylagar.

O’z qulini ozod etmaslik uchun kurashadi. O’z qulini na sotadi, na in’om etadi. Undan faqat jang, kurash yo’li bilan xalos bo’lish mumkin. Bu kurash beomondir, jonni, qonni talab qiladi. Yakkayu-yagona mantiq – mavhumlik qo’liga tushmaslik…

Ya’ni o’z-o’zini …

O’z boshini …

O’z xaloskorini yo’qotmaslik.

MILLAT

Millat – yuksak tog’lardan yuksalgan alp qoyadir. U tog’larga qaraganda xurshidga, oyga yaqin.

Quyosh taftini eng avval sezadi, quyosh taftida eng avval kuyadi…

Millat – musaffolikdanda yuksak qoyadir.

Uni yiqita olmaydilar. Uni parchalashlari mumkin.

Biroq yo’qolmaydi. Parchalansa-da, bo’laklarga bo’linib yashaydi.Millat besh barmoqli mushtdir:

Boshmalgog’i – alifbosi …

Ko’rsatgich barmog’i – tili…

O’rta barmog’i – kuchi …

O’rta barmoqning jufti – davlati …

Chimchaldog’i – sarhadi …

Alifbosini o’g’irlasalar, boshmaldoqsiz musht bo’lib…

Tilini kessalar, ko’rsatgichsiz musht bo’lib …

Kuchini sindirsalar, o’rtanib, o’rtanib …

Davlatini, sarhadini olsalar barmoqlarsiz musht bo’lib yashayveradi.

Uning kafti zamindir. Uning kafti mushtdir.

Kafti boru barmoqlari yo’q millat musht eydi mudom o’zi musht urolmay.

Kafti boru barmoqlari yo’q millatning alami, qayg’usi, umidi barmoqlaridir.

Shu bois u barmoqlari uchun kurashadi, uni avaylaydi, asraydi…

Milat – vohid birlikdir.

Millat odamlarsiz millat bo’lolmaydi. Milatsiz odamlar bo’lishi mumkin.

Millat Vatansiz bo’lolmaydi. Vatan millatsiz bo’lishi mumkin.

Millat shansiz, sharafsiz bo’lolmaydi. Shan, sharaf millatsiz bo’lishi mumkin.

Millat – chaqaloq uchun ona ko’kragi..

Millat – bolakay uchun ota mehri…

Millat- yigit uchun tanho muhabbat…

Millat – odam uchun, inson uchun muqaddas oila.

Millatfurushlar bor …

Haromi bolalar bo’lganiday, millatbilmaslar bor.

Tashlandiq bolalar bo’lganiday, millatsevmaslar bor…. Oqpadar bolalar bo’lganiday …

Agar millatning kuni ularga qolsa, qoya qorayadi, musht sinadi, oila xarob bo’ladi.

Xayriyatki, millat ularga tobe emas. Millat mutloq mustaqildir. Uni tobe qilish mumkin emas. Uni sevish, uni sevdirish mumkin. Uni yondirish mumkin emas, uni deb yonish mumkin.

Tangri ko’kdagi muhabbat bo’lsa, millat o’zdagi muhabbatdir. Bu ikki xudolik emas, yakkaxudolikdir!

BAHS

Bahs – hurfikrlik mahsuli.

Bahs – fikrsizlik mahsuli.

Bahs – o’jarlik mahsuli.

Hurfikrli odamlar haqiqatni qidirib bahs maydoniga tushadilar.

Hurfkirli odamlar haqiqatni himoya qilib bahs maydoniga tushadilar.

Har ikki holda ham haqiqat bilan qoladilar maydonda.

Fikrsiz odamlar haqiqatni tan olmay bahs maydoniga kiradilar.

Fikrsiz odamlar haqiqatni bilmay bahs maydoniga tushadilar.

Har ikki holda ham haqiqat oldida lol qoladilar.

O’jar odamlar haqiqatni bilib unga qarshi maydonga otlanadilar.

O’jar odamlar haqiqatdan engilib ham maydondan chiqmaydilar.

Har ikki holda ham haqiqat ojiz.

Siyosat bahs maydonidan yiroq ekan, u haqiqatga yaqinlashmay o’tadi.

Hayot bahs maydonini sig’dirmas ekan, u haqiqatninng orzumandi bo’lib qolaveradi.

Inson bahs maydonida mardona engilib, mardona g’olib kelishni o’rganmas ekan u haqiqatning nafratiga duchor bo’laveradi.

Haqiqat – oydinlikdir.

Bahs uning quyoshi.

TOSH

Erning bag’ri, vujudi kuyib, qotgan bo’lagi toshdir. Odamda his bor, tuyg’u bor, vujudida qon bor. Toshda na his, na tuyg’u va na qon bor.

Odam tarixga guvohlikka yo o’tadi yo o’tmaydi.

Tosh esa tarixning eng boqiy guvohidir.

Odam mansabda turganda unga soxta sig’inuvchilar topiladi.

Dunyoning ma’lum bir qismida toshga chindan sig’inadilar.

Odamning manglayidagi bitiklar uzoq yashamaydi.

Toshdagi bitiklar mangudir.

Odam o’zini toshdan ustun sanab uni oyoq ostiga soldi. Tosh chidadi.

Undan haykallar yasab dovullar ostida qoldirdi. Tosh chidadi.

Uni otib birovning boshini yordi. Qonga belangan tosh chidadi.

Undan qasrlar soldi, gung tosh chidadi.

Chidam uni mutloq g’oliblikka olib keldi.

Odam foniy dunyodan boqiylikka kechar mahali u hukmronlikni qo’lga oldi. Qabr toshiga aylandi.

Hukmron bo’lib ham sadoqatini yo’qotmadi.

Tuyg’usiz, hissiz, qonsiz toshning o’z falsafasi bor.

U tuyg’uli, hisli, qonli odamlarda oz uchraydigan sadoqat falsafasidir.

YAXSHILIK

“Yaxshilik qil tashla dengizga, bilsa baliq bilar, bilmasa Xoliq”, deydilar.

Yaxshilik o’zi nima?

Ko’zlarimni yulib xayolimdagi pirlarimga murojaat qilaman.

Yaxshilik nima?

Yaxshilik – sen yuragingdan bir parcha uzib uzatgan nur.

Yurakning yaxshilikka aylangan qismi yangilanadi, yasharadi…

Yaxshilik – dunyo sendan bezib qolgan paytda uning ko’zidan sizib chiqadigan tomchi…

Yaxshilik – sen juda ko’p olgan va juda oz tarqatgan boylik…

Yaxshilik – eng oddiy va eng mushkul ish. Qancha ko’p bajarsang, shu qadar oddiy, qancha oz bajarsang, shu qadar mushkul bo’lib boraveradi…

Yaxshilik – seni Tangri yaratganda elkangga yuklagan vazifa…

Yaxshilik – sen tez unutadigan, seni esa unutmaydigan xotira…

Pirlarimning javoblari yana uyga toldiradi.

Nahotki, yaxshilikni unutgan bo’lsam? Nahotki, birovga yaxshilik qilmagan bo’lsam?

Ko’z oldimdan kechmishim kechaveradi…

Yaxshilik qilganingni o’ylash yaxshilik kushandasidir!

Ichki ovoz o’ylarimni kesadi. Xulosa qilaman.

Yaxshilik – umrimning eng go’zal kechmishi, faqat uni ko’rish uchun ortga qaytsam, yo’qotaman. Demak, uni oldindan izlashim kerak!

MANFAAT

Keyingi vaqtda hayotni ham, jamiyatni ham, siyosatni ham manfaat bilan bog’lab baholaydigan bo’ldilar.

Manfaat maqsadning o’rnini egallagani tashvishlidir.

Manfaat maqsad bo’lishi mumkin.

Maqsad manfaat bo’lolmaydi.

Alpinistlar qoyalarga, cho’qqilarga intiladilar.

Iplari uziladi, qaytmaydilar…

Umidlari uziladi, qaytmaydilar …

Umrlari uziladi, qaytmaydilar …

Ba’zan qoyani, cho’qqini zabt etadilar.

Qanday manfaat ko’radilar? Asablari emirilganimi, do’stlari muzlab qolganimi? Vujudlari, qalblaridagi jarohatlarmi?

Bu erda faqat maqsad bor, manfaat emas.

Maqsad uchun hamma narsani qurbon berish mumkinligini alpinistlar isbotlayilar bizga…

Agar siyosat manfaat asosiga qurilsa, u kimning manfaatiga xizmat qiladi?

Agar umr manfaat asosiga qurilsa, u kimning yo kimlarning manfaatiga aylanadi.

Amerika manfaati degan tushuncha bor amriqoliklarda…

Rossiya manfaati degan tushuncha bor urusiyatdagilarda…

Xo’sh, biz bu yo’ldan boramizmi?

Turkiston manfaati bor turklarda… Shundaymi?

Balki Turkiston maqsadi bordir turklarda?

Balki Turkiston ulug’ligi…

Turon birligi…

Baxt-saodat maqsadi bordir?

Gap shundaki, manfaat qurbon talab qiladi.

Qurbonlar majburiydir …

Maqsad qurbon talab qiladi, qurbonlar ixtiyoriydir …

QO’Y

Qo’y yilida tug’ilganman. Shundanmi, qo’y haqida o’ylayman ba’zan.

Qo’y qo’tonda yashasa-da erkinman, deb o’ylaydi.

Faqat bog’lab qo’ysalar semirmaydi, bo’g’iladi.

Yaylovga, ozodlikka chiqaradilar. Chunki “qo’yning rizqi, go’shti tuyog’ida” degan gap bor.

Yaylovda u albatta, o’z to’dasi bilan yuradi. To’daboshi qayoqqa boshlasa, ketaveradi suvga ham, o’tga ham… Qo’y-da!

Agar birovini so’ysalar, boshqasi pichoqni ko’rsa, qon hidini sezsa, seskanib, qo’rqib turaveradi. Hayoti izdan chiqadi, go’yo: na xo’rak eydi, na suv ichadi…

Qo’y beozor, ajoyib jonivor. Lekin unga o’xshashdan Xudo asrasin!

SIYOSAT

Tsezar va Kleopatra kunlaridan boshlab siyosatni fohishaga o’xshatadilar.

Fohishaning o’z ehtiyoji bor.

Birinchisi – iqtisodiy ehtiyoj.

Ikkinchisi – jismoniy ehtiyoj.

Uchinchisi – ma’naviy ehtiyoj.

Fohisha kimning puli, boyligi ko’p bo’lsa, avval o’shaning to’shagiga yotishni istaydi. Fohisha kim kuchli, baquvvat bo’lsa, u bilan tong ottirishni istaydi. Fohishaning ham qalbi bor. Uning qalbi shirinsuxan, aqlli, idrokli kishilarga talpinadi.

Har uch holda ham fohisha fohishaligicha qolaveradi. Dunyo faqat fohishalardan iborat bo’lmaganidek toza, halol, pokiza siyosatni istovchilar ham yo’q emas. Agar ular toza, halol, pokiza yo’ldan qaytmasalar umr yo’ldoshlari fohishaga aylanmaganidek, siyosatlari ham bulg’anmaydi.

Darvoqe, siyosat nima?

Siyosat – maqsadning so’z va ish birligidir. Bu tarozining bir pallasi og’sa, maqsad emrila boshlaydi. So’z pallasi og’ir kelsa, siyosat yolg’onga … Ish pallasi og’ir kelsa, siyosat zulmga aylanadi.

Siyosat – Quyosh va Oy orasidagi munosabat va murosadir. Quyosh nuri Oy borligini isbotlovchi haqiqat. Oy borligi Quyoshning buyukligini namoyish qiluvchi ko’zgu. Oyga nur berdim, deya Quyosh harchand kek saqlamasin, nurini kesolmaydi. Oyga nur berish uning xohishi emas.

Siyosat ham ana shu darajaga ko’tarilganda, ya’ni nur berish uning tabiy holatiga aylanganda, u fohisha degan haqoratdan qutiladi.

Siyosat bugun siyosatchilar uchun ham qurol, ha qalqon.

Siyosat siyosatchi uchun qurol, xalq uchun qalqon bo’lsagina siyosat bo’la oladi.

Otaning bolaga baqirishi…

Birov haqoratlaganda jim turish…

Yuqorining quyini tahqirlashi…

Quyining qulluq qilib turishi…

Aldov, hiyla, nayrangni ham ba’zan siyosat deydilar.

Shu bois ham avval siyosatni bu balchiqdan tortib olish, tozalash shart. Oson ish emas.

Fohishaga uylanib, uni sadoqatli xotinga aylantirishga uncha-muncha odam jur’at qilolmaganidek, bu ishni gardaniga oladigan oz topiladi.

Avvaliga uni tushunmaydilar. Biroq uning sobiq fohishasi, uning siyosatini tushunmaganlarni tushunishga majbur etadi.

Bu kelajak. Hali siyosat fohishadir!

OSHKORALIK

Maktabda o’qiganimda “Avval iqtisod, keyin siyosat” degan lenincha “dono” gapga e’tiroz bildirib, yomonotliq bo’lgandim.

Dorilfununning birinchi darsidayoq “Avval siyosat, keyin iqtisod” deb qo’yganim uchun bir yil qarz topshirib yurganman.

Oshkoralik nima va uning bu gaplarga qanday daxli bor?

Oshkoralik – ongdagi zangni yuvuvchi zilol suv.

Oshkoralik – odamni manqurtlik xastaligidan asrovchi darmon.

Oshkoralik – odamning erki, huquqini ta’minlovchi darslik.

Uzoq yillar “avval iqtisod, keyin siyosat” deb odamlarni qorin bilan o’ylashga majbur etishdi.

Oddiy mantiq unutildi. Nega bosh yuqorida? Nega qorin boshdan yuqorida emas? Iqtisod qorin va vujudning ehtiyoji bo’lsa, oshkoralik miyaning, ongning ozuqasidir.

Ongni bir umr och saqlash mumkin emas. Shu bois yolg’on to’ldirib turadilar. Yolg’on ximikatlarga o’xshab ongni zaharladi. Zaharlangan ong zang quchog’ida qoldi. Uni tozalash mumkin. Faqat oshkoralik orqali.

Hayvonning faqat qorin tashvishi bor.

Odamning esa qorin tashvishidan oldin ong tashvishi ham bo’lmog’i zarur.

Qorin to’ymasa, ong ishlaydimi, degan soddalar ko’p.

Qorinni to’yg’azish kerak, degan fikr paydo bo’lishi uchun ong kerakmi avval?!

Axir, inson ko’chada o’sib yotgan o’t-alafni eb ketaversa, unda ongga hojat qolmasdi.

Oshkoralikdan qo’rqadilar.

Chunki fikrlovchi ko’rsatilgan yo’lga qadam tashlashdan oldin “Qaerga olib boradi?” deb so’raydilar. So’roqlarga javob berish osonmi, podani boshqargandek bir yolg’on bilan hammani boshlab ketaverish osonmi? Demak, oshkoralikning dushmanlari ko’p.

U o’zi keladi, deganlar xato qilishadi. Oshkoralik berilmaydi, olinadi. Olish uchun ham ong musaffoligi kerak. Demak, ochlikdan qo’rqmaslik, ochlik orqali tozalanish shart, uni hamma bajara olmaydi. O’z joniga achinmaganlar uddasidan chiqadi, buning.

Bundaylar ozchilik!

Biroq, dunyoda hamma burilishlarni ko’pchilik emas, ozchilik amalga oshirgan.

Oshkoralik ham ko’pning mulkiga aylanishi uchun ozchilikni kutib turibdi…

MANSAB

Mansab salbiy tushunchami, ijobiymi?

Aslida ijobiy tushuncha bo’lmog’i kerak. Lekin uni salbiy tushunchaga aylantirdilar, mansabdorlar.

Ijobiy tomonlari ko’p, mansabdor uchun. Odamlar qulluq qiladilar… Davralarning to’ri uniki…

Birdaniga aqlli, nasihatgo’y odamga aylanadi… Turmush ikir-chikirlaridan qutuladi.

Bular hammasi shira. Mansab kursisining shirasi. Gap bu stulga o’tirguncha. O’zi yopishib oladi. Shu bois ham mansabdor ancha bosiq, og’ir yuradigan bo’ladi. Orqasiga stul yopishgan-da! Nima qilsin, sho’rlik?

Mansab olinmaydi beriladi aslida.

Aslida mansabni oladilar…

Mansab berilganda, ishonch va mas’uliyatni ko’taradigan shaxsga beriladi.

Mansab olinganda, odam boyligi va o’zini garovga qo’yib oladi uni.

Shu bois mansabdan ketgan kishiga kulib boqadilar, uni masxara qiladilar ortidan.

Mansab xalqning mulki. U qachon mansabni berish yo’liga o’tsa, mansabdor unga xizmat qiladi. Hozircha mansabdor mansabni olyapti, shu bois undan o’pkalash, uni masxara qilishning hojati yo’q.

Vaqt keladi, odamlar mansabdan qochadilar, xalq mansabni kimga berishdek mushkul muammo oldida qoladi. O’shanda oluvchilar chiqsa, mansab o’z obro’siga qaytadi. Unga qadar mansab kursisini shilimshiq shiradan tozalamoq talab etiladi.

Mansabga ixtiyoriy kelish va undan ixtiyoriy ketishning bundan boshqa talabi ham bor. Mansabning o’zi ham mansab kursisidan tushmog’i kerak.

BIZ

O’g’izxon yurtini yog’iy o’radi. Tinchlik, osoyishni istagan O’g’izxon sulh istadi.

Dushman undan G’irotni, dul-dulni so’radi. U rozi bo’ldi. Beklar tashvishda qoldilar.

So’ng dushman undan suyukli yorini so’radi. U rozi bo’ldi. Beklar g’azabga to’ldilar.

So’ng dushman undan erini, yurtini so’radi. Beklar indamadilar. U ham tashvish, ham g’azab bilan jangga kirdi. G’olib chiqib otini ham, nomusini ham saqlab qoldi.

Bizning shohga ayyor yog’iy avval yorini berdi.

Hech kim parvo qilmadi.

So’ng otini berdi. Ot taxt belgisi… Hamma shod bo’ldi.

Evaziga erimiz va mulkimizni oldi. Hamma indamay turaverdi, tinchlik, osoyishni istab…

Chunki shoh O’g’izxon emas, biz esa O’g’iz kimligini hatto bilmas edik.

YULDUZLAR

Yulduz va bayroq…

Qadimda Vizantiyani dushman qurshab olibdi. Harchand urinmasin, istehkomni yorib kira olmabdi. Shunda hiyla ishlatilibdi. Er osti yo’li kovlab, tunda shaharga endi kira boshlashgan mahali butun jonivorlar vahimaga tushib, itlar akillab, mushuklar miyovlab xalqni bedor etishibdi.

Uyg’ongan xalq hiylani anglab, dushman yo’lini to’sibdi.

Keyin bilishsa, o’sha payt ko’kda oyning o’rog’iga yulduz to’g’ri kelib qolgan ekan. Bu g’ayrioddiy tasodif falokat belgisi ekan. Buni anglagan jonivorlar vahimaga tushibdi.

Oniy muhorabada g’olib chiqqan vizantliklar bayroqlariga oy va yulduzni ramz qilib olishibdi.

Ko’p o’tmay ular turklarga qul bo’lishibdi.

Usmonlilar ham g’alaba ramzi, deya bayroqlariga oy va yulduzni taqishdi.

Shu-shu ularning ham boshlarida qora bulut aylanaverdi.

Oy va yulduz bayroqlarni bezayverdi, falokat kelaverdi.

Hatto Oktyabr to’ntarishidan keyin sho’rolarning ham ishqi oy va yulduzga tushdi.

Shu asosda ular o’roq-bolg’a birligi degan g’oyani ilgari surishdi. Bu ham falokat boshlab keldi.

Biz bayrog’imizda bir oyning o’rog’iga o’n ikki yulduzni joyladik. Maqtovlar, qarsaklar, ziyofatlar aro…

Ishqilib, yurtimdan falokat uzoq bo’lsin!

Shunday deymanu, bu bayroq ostida sodir bo’layotgan qonli, tashvishli, ayanchli voqealar yuragimning bir bo’lagini uzib ketaveradi…

UCH NUQTA

Dunyoning tayanch nuqtasini topib bersang, uni chappa qilaman, degan ekan qadimgi olimlardan biri.

Inson ma’naviyatining tayanch nuqtasi bormi? Bor deguvchilar topiladi.

“Sotsializm davrida uning ma’naviyatini chappa qilishdi-ku!” deydi ular. Chappa qilishga etmish yil urinishdi. Tebratishdi, esankiratishdi, biroq butunlay chappa qilisholmadi. Yozuvimizda ko’p nuqta, ya’ni uch nuqta ishlatamiz.

Aytolmagan gapimiz: …

Tushintira olmagan hayajonimiz: …

O’zimiz qo’rqqan fikrimiz: …

Topa olmagan javohirimiz: …

Davomiylikni ana shu nuqtalar osongina ifodalaydilar.

Nazarimda inson ma’naviy olamining uch nuqtasi bor.

Tug’ilish. (Nuqta ham to’g’ri ham ko’chma ma’noda).

Yashash. (Nuqta ham to’g’ri ham ko’chma ma’noda).

O’lim. (Nuqta ham to’g’ri ham ko’chma ma’noda).

Uch nuqta uch tayanch. Shu bois ham ag’darish mumkin. Ikkinchi va uchinchi nuqtalar raqobatda. Ikkinchi uchinchisini enga olmaydi. Ammo engishi mumkin.

Uchinchi ikkinchini engishi mumkin.Biroq enga olmaydi, agar u jangga kirsa.

Yashash va o’lim kurash maydoniga kirsalar tug’ilish so’zidan so’ng ko’p nuqta, ya’ni uch nuqta paydo bo’ladi.

Tug’ilish …

Tug’ilish va yashash kurashga kirsalar o’lim so’zidan so’ng uch nuqta paydo bo’ladi.

O’lim …

O’limdan keyingi nuqtalar zamirida jangdan qaytmagan tug’ilish va yashash nuqtalari bor.

Mana sizga tayanch nuqtalari …

Ag’darib ko’ring-chi, eplay olarmikansiz?!

POEZD

Ketaveradi … “taqa-taq”, “taqa-taq”.

Kelaveradi … “taqa-taq”, “taqa-taq”.

Uydan qabristonga qarab to’lib ketaveradi … “taqa-taq”, “taqa-taq”.

Qabristondan uyga qarab bo’shab kelaveradi … “taqa-taq”, “taqa-taq”.

Biz esa yo’lovchilarmiz …

XAZINA

…Amir Temur hazratlari uzoq yillik jangga ketayotganlarida ustozlari Mir Sayid Barakadan so’radilar:

– Samarqandda ham kuch qoldirsakmi?

– Albatta, Samarqandda xazina qoladi, – javob berdilar ustoz…

… Urusiyat hukmdorlari Turkistonga yurishi avjga mingan mahali amir Olimxon tillo qidiruvchi xorijiy mutaxassislarni yo’qotishni buyurdi.

– Bu qanday bo’larkan, amirim? – dedi Qushbegi.

– Bu durust bo’lg’ay. Yurtning xazinasiga o’zgalar emas, shu yurt egalik qilishi kerak, – dedi amir …

Xazina – mulk, yurt va xalq mulki …

Xazina – avaylab-asraladigan boylik …

Xazina- siyosatni ushlab turadigan ustunlardan biri …

Darvoqe, o’g’ri o’z xazinasini hech qachon uyida saqlamaydi.

To’g’ri uchun o’z xazinasini boshqa erda saqlash ehtiyoji yo’q.

Davlat o’z xazinasini davlatmandlar, xazinabonlar himoyasiga beradi o’z davlatida.

Xazina davlatdan tashqarida tursa, u davlatning emas tashqarining xazinasidir.

Xalq o’z xazinasini o’z erida saqlay olmasa, u xazinasiz xalqdir.

SAMARQAND

Sochlari oqargan, siyraklashgan, peshonasi, yuzlari ajinga to’lgan bir mushtdekkina bo’lib, ostonada o’tirgan ona …

Sochlari – Zarafshon va Darg’om…

Ajinlari – Ipak yo’lidan tortib, men bilgan-bilmagan so’qmoqlar…

O’zi – Samarqand.

Ostonada jangga kirgan Afrosiyobni…

Olovga bosh suqqan Muqannani…

O’trorda xastalangan Amir Temurni…

Hirotga qaytib ketgan Mir Alisherni …

Hind sori yuzlangan mirzo Boburni…

Shahardan tashqariga chiqqan Muhammad Tarog’ayni…

Turkiyaga yo’l solgan Ali Qushchini …

Ot minib chiqib ketgan Muhammad Jahongirni…

Yana qancha-qancha o’g’illarining yo’liga ko’z tikkan Ona!

Ularning har biri onaning ko’z qarog’i.

Bugun ona g’ariba.

Onamning bu holi o’rtadi meni.

Ota Turkistonni qaytarmoq istadi ko’ngil…

Samarqand-poytaxti Saroymulkxonim bo’lishini istadi ko’ngil …

Samarqand …

Netayki, men ham ketib qoldim.

Ha, men u buyuk o’g’illarining oldida zarraman.

Biroq ona uchun buyugi ham, o’jari ham o’g’il…

Meni ham kutayapsan mushtipar onam, ostonada bir musht bo’lib…

BESHIK

Beshik – men sog’ingan qo’shiq:

“Alla-yo, alla-yo, yolg’iz bolam, alla”.

Beshik – sarpo’sh oralig’idan mo’ralagan nur.

Tashqarining sirli oydinligi.

Beshik – qo’llarim, oyoqlarimni dorga tortgan ip.

Qo’ydek yuvvosh bo’lib qolganimning ibtidosi…

TOL

Bu dunyoga kelding biror daraxt o’tqazmoq uchun.

Qo’lingdan hech ish kelmasa tol o’tqaz.

O’g’lingning beshigiga yaraydi-ku!

Hech narsaga yaramasa ham, ketar chog’ida tobutingga yaraydi-ku!

Darvoqe, tol o’tqazdim-mi?

MUHABBAT

Muhabbat – Allohga muhabbat …

Meni dorulfanoda qiynoqlarga, sinovlarga solib, dorulbaqoda Haq visoliga etkazuvchi yog’du.

Muhabbat – ota-onaga muhabbat …

Visolidan benasib qolgan dardim.

Muhabbat – Vatanga muhabbat …

Ayriliqlar olovida jizg’anak bo’lgan vujudim.

Muhabbat – Yorga muhabbat…

Ko’ngil osmonida kezib yurgan oy.

Muhabbat – hayotga, yashashga muhabbat …

Chap elkamda o’tirgan shayton.

Muhabbat – farzandga muhabbat …

Meni qul aylagan hukmdor podshoh.

Muhabbat – o’zimga muhabbat …

Boshim uzra yaraqlagan zulfiqor qilich.

Muhabbat – Mening ozodligim …

Meni qurshab olgan zanjirlar …

Kundan-kunga mahkamroq qisadilar,

Tarsillab otilib ketmasaydi qonim …

INTIZOM

Intizom ozodlik, erkinlik madaniyatidir.

Inson ichki dunyosida “Men” degan ikkinchi, balki birinchi odami yashaydi. Ana shu “Men”ning tashqi odam ustidan, uning hatti-harakatlari, ongning sasini eshitmay qolgan vujudi ustidan g’alabasi intizomdir.

Inson o’z-o’ziga bo’ysunsa, u ong yo’lidan yuradi. Ong qullikka bo’ysunmas, ozodlikka tashna hosiladir. Uning ozuqasi, uning sha’ni ozodlikdir.

“Men” harakatlarimizga munosabat bildirib turadi. Eshitib turamiz, parvo qilmaymiz.

Eshitib, parvo qilmaslik madaniyatsizlikdir. Tashqarida shunga o’rgandik.

Kimnidir haq so’z uchun kaltaklashdi. Bizga nima?

Yuqoridagilarga oydin bo’lsa kerak?!

Kimnidir qamashdi … kimlarnidir otishdi …Vatanni sotishdi … Ko’nikib qoldik.

Oqibatda ichki “Men”ni eshitmaslikka ko’nikdik.

Biz ko’nikishimiz mumkin. Biroq “Men” ko’nika olmaydi.

“Men” qadr, e’tiqod, diyonat, umid, kurash, vijdon va umr birligidir.

Bu birlikdan kechish mumkin…

Bu birlikdan qutilish mumkin emas.

“Men”ga quloq tutsak, uning mashaqqatli yo’lidan yursak eng intizomli shaxsga aylanamiz.

Shaxs o’z ichida kuchli intizomga ega. Bu intizom ozodlik, erk, halollik, qat’iyat, ishonch intizomidir.

Biz “Men”ga, uning amriga bo’ysunishga o’rganmas ekanmiz tashqi qullik intizomiga bo’ysunib yashayveramiz.

Yashash bilan yashashning farqi bor. Aslida bu gapni yashash bilan yashashning farqiga etgan odamga aytishim kerak.

MEHMON

Bu dunyoda hammamiz mehmonmiz …

Ana shu mehmonchilik aro yana mehmondorlik va mehmonchiliklar bor …

Mehmon otangdan ulug’, deydilar. Biroq otang ham mehmon. Demak, u ham mehmondan ulug’.

Mehmon …

Qalbga mehmon bo’lish …

Uyga mehmon bo’lish …

Yurtga mehmon bo’lish …

Birovning qalbida mudom mehmon bo’lib qolish qiyin.

Birovning uyida mudom mehmon bo’lib qolish azob.

O’zganing yurtida mudom mehmon bo’lib qolish fojia.

Ulug’lar deydilar:

“Qalbingdagi mehmonni asrashga o’rgan”. Bu Kaykovusning so’zlari.

“Uyingdagi mehmonni ranjitma. O’zing ranjishing uchun yo’l ochasan.” Bu Xo’ja Ahrori Valining so’zlari.

“Yurtindagi mehmonga izzat-ikrom ko’rsat. Noz-ne’matdan kam etma. Otangga ko’rsatgan karomatni unga ham ko’rsat. O’ – mehmon. Uyingga, yurtingga mezbonlik qilolmaydigan mehmon”. Bu Mustafo Kamol Ota Turkning so’zlari.

Qalbimdagi mehmon qalbimni so’rasa …

Uyimdagi mehmon mezbonlikni so’rasa …

Yurtimdagi mehmon yurtimga egalik qila boshlasa-chi?

Unda u na mehmon, na mezbon, balki dushmandir!

Dushman bilan kurashmoq lozim. Bu sening emas uning da’vatidir.

Senda esa bir oqil imkoniyat qoladi, u ham bo’lsa kurash usulini tanlash imkoniyati.

Bu usulni tanlashda zarracha xato qilsang qalbdanda, uydanda, yurtdanda ajralasan.

Hammamiz bu dunyoga mehmonmiz. Ba’zan bu dunyoga mezbonlik qila boshlaymiz. Bilmaymizki, bu holda dunyoning ham bizga qarshi bir yo’li qoladi…

Kuzatib qo’yish yo’li…

MUQANNA

O’, Muqanna!

Seni “Bir ko’z” dedilar!

Seni “Hiylagar, sehrgar, makkor” dedilar!

Seni “Xotinboz, aqldan ozgan, badbaxt” dedilar!

Seni … haqorat “kitobi”ning barcha so’zlari bilan atadilar!

Nega?!

Vatanni, yurtni sevganing uchunmi?!

O’zingni bilganing, dunyoni bilganing, odamlarni anglaganing uchunmi?!

Bosqinchiga, qilich ko’targan jallodlarga qarshi bosh ko’targaning uchunmi?!

O’, Muqanna!

Seni kishanlab Balxga sudrab ketdilar!

Zindonda kaltaklanding!

Ozod bo’lib ham tinmading! Nega?!

Islom diniga qarshi edingmi?!

Yo’q, sen o’zingni Odam deb bilding, Inson deb bilding! Buyuk va ulug’ Muhammad, Muso, Iso ham sen kabi odam ekanligini idrok qilding.

Ularning qudrati, ruhini o’zingda paydo etmoq istading!

Seni sevdilar ko’plar …

Seni sevmoqqa qo’ymadilar ko’plar …

Yuzlab pahlavon, alpomish turklar seni yo’lboshchi deb bildilar!

Seni hukmdorlar, bosqinchilar ta’qib ettilar.

O’n to’rt yil jon olib, jon berding!

O’, Muqanna, Vatanga bu qadar muhabbatni, bu qadar irodani qaydin topding?

Engilib ham engilmading!

Haftalab yonib turgan olov tandirning ichiga solding o’zingni!

Vatan deb Vatanda jizg’anak bo’lgan o’, Muqanna!

Jasading, jizg’anak jasaddan-da qo’rqdilar,

Tandirdan tortib olib boshingni uzdilar!

Vatan uchun, el uchun bundan-da og’irroq kuyish, yonish mimkinmi?!

Ne-ne mansabu vazifalar, tilloyu boyliklarni in’om etdilar, olmading!

Vatanni mansabga, vazifaga, tilloga, boyliklarga almashtirish, Vatanni sotishdan olovda jizg’anak bo’lmoq afzalligini isbot etding o’, Muqanna!

Sendek Vatanni, xalqini seva olgan marddanda dindorroq topilarmikan?!

Dinni pesh qilib Vatanni sotganlar qancha?!

Dinni ulug’lab odamni odam bilmaganlar qancha?!

Xudoni Xoliq bilib, Xudo yo’lidan chiqqanlar qancha?!

O’, Muqanna boshing uzilgandan so’ng ham yuzlab narshaxiylar tinmadilar!

Senga qo’shib ming-ming ulusni “xoin”, “talonchi”, “buzuq”, “ko’zbo’yamachi” deb atadilar!

Kecha, bugun ham xalqim, yurtim haqorat botqog’ida.

Makkaga borib hoji bo’lib kelganlardan ba’zilari yurtni, elni sotib yuribdilar.

Balki sen shundaylardan hazar qilib, xoinlar, xiyonatkorlardan hazar qilib yuzingni berkitib yurgandirsan O’, Muqanna!

Bu ulug’ Turkistonda, bu ulug’ Turonda sen kabi yurtsevar alp paydo bo’lsa edi, garchi dinsiz bo’lsa-da, unga qoyil qolardim.

O’z Vatanini yaratmoq, o’z xalqini ulug’lamoq, o’z dini, e’tiqodini paydo etmoq gunoh emas, haqorat qilmang uni!

Hamma ham Muqanna bo’lolmaydi!

Hamma ham Muqannadek Vatan uchun olovga kirolmaydi!

Hamma ham Muqannadek e’tiqodi uchun umrini qul qilolmaydi!

O’, Muqanna!

Seni tuqqan ona, seni tuqqan Vatan, seni tuqqan xalq o’lmasdir! Sen tirik ekansan…

Sen tiriksan! Oq kiyimda, musaffo libosda ozodlik, erkinlik ilohiysi bo’lib yashab yuribsan dillarda.

Faqat, bu dillar o’zlaridagi kuch Muqanna ekanligini bilmaydilar.

Faqat, bu dillar Muqanna deyishdan qo’rqadilar…

Faqat, bu dillar Muqannaga aylanib qolishdan qo’rqadilar…

O’, Muqanna, olov ichra yonayotgan Vatanim!

O’, Muqanna olov ichra yonayotgan tanim!

DARD

Tuzalmas va tuzaladigan dard – uxlab yotgan xalq.

Shuning uchun tuzalmaski, u uxlab yotibdi …

Shuning uchun tuzalajakki, u uyg’onajak …

UMR

Umr – eng oson va eng qiyin jumboq.

Shuning uchun osonki, uch harfdan iborat.

Shuning uchun qiyinki, na boshi va na oxirini hech kim topolmaydi.

UYQU

Eng odil va eng johil podshoh uyqudir.

Shuning uchun odilki, ko’rpasiga o’zingiz yotasiz.

Shuning uchun johilki, umrning yarmini bersangiz ham kifoyat qilmaydi.

ASAB

Avaylayman desang emriladi.

Avaylamasang chiniqadi.

Xuddi bolangga o’xshaydi.

XAYOL

Xayol – o’rmon. Kirsang chiqa olmaysan.

Xayol – sahro. Kirsang adashasan.

Xayol – olov. Kirsang yonasan.

Kirmasang, kirishga majbur qiladi.

XOL

Xol – vujudning o’lik qismi. Biroq o’lik bo’la turib, vujudni go’zal qilib ko’rsatishga xizmat qiladi.

Biz – borliqning tirik bir qismimiz. Tirik bo’la turib, borliqni yo’qotishga xizmat qilamiz.

Balki shuning uchun biz xol haqida ko’p yozamiz, borliq esa biz haqimizda oz yozadi…

VAQT

Vaqt – farishtai Rahmondir. O’ng elkangda yurak urishini sanaydi…

Vaqt – fahishtai shaytondir. Chap elkangda yurak urishini sanaydi…

Farishti Rahmon yurak to’xtab qolmasin, deb cho’chib sanaydi.

Fahishtai Shayton yurak to’xtamayotganidan cho’chib sanaydi.

Sen esa sanashni ham bilmaysan…

ESHIK

Eshik ochiladi, tashqariga chiqasan.

Eshik yopiladi, gunohlaringni yashirib.

Eshik ochiladi, ichkariga kirasan.

Eshik yopiladi, gunohlaringni yashirib.

Taqillatib yopma eshikni, shunday ham gunohlaring ikki tomondan taqillatib turibdi eshikni …

BOSH

Bosh … ko’tariladi gunohsizlikdan.

Bosh … egiladi gunohkorlikdan.

Bosh … ko’tariladi g’urursizlikdan.

Bosh … egiladi g’ururdan.

Bosh … ko’tariladi g’ururdan.

Bosh … egiladi g’urursizlikdan.

Bosh … ko’tariladi boshsizlikdan.

Bosh … egiladi boshsizlikdan.

Sharoitga qarab yashash Boshdan yuqmadimikan bizga?!

KO’ZGU

Ko’zguga qaraysan …

Ko’zingni ko’rasan …

Og’zingni ko’rasan …

Tishingni ko’rasan …

Qoshingni ko’rasan …

Biroq o’zingni ko’rolmaysan.

Chunki, o’zingni allaqachon o’zing eb qo’ygansan.

FALSAFA

Bo’ri: Erk kuchdadir!

Inson: Kuch erkdadir!

Tangri: Erk ham, kuch ham mendadir!


IMZO

Insonning shaxsiy qonuni, qilmishi va hukmi imzodir.

Imzo – insonni boshlab va quvib yurguvchi guvoh.

Imzo – taqdir manglayiga tortilgan xat…

SAVOL

Kafan uchun ehtiyoj oshib ketavergach, bu qadar ko’p paxta eka boshladilarmi?

Bu qadar ko’p paxta eka boshlaganlaridan so’ng kafan uchun ehtiyoj oshib ketdimi?!

BOZOR

Bozor – pulning odamdan ham, ne’matlardan ham qadri oshib ketadigan joy …

Bozor – dunyoni barpo qilgan va yakson ham qilguvchi kuch …

Bozor – diyonat va aldov, omonat va xiyonat, qadr va manfaat xarid qilinadigan va sotiladigan qo’shma korxona…

Puli bor ham boradi bozorga, puli yo’q ham.

Ularni bozor darrov farqlaydi.

Puli borlar ne’matlarni tutib, ajratib ko’radilar. Puli yo’qlar uzoqroqda turib narxini so’raydilar. Guyo narxni xarid qilishga kelganday…

Dunyo ham bozor guyo. Puli bor ham keladi, puli yo’q ham.

Puli bor dunyoning yaqiniga boradi, unga egalik qiladi.

Puli yo’q esa olisdan narxini surishtirib o’tib ketadi.

ALDANGANLAR

Bu dunyoda aldanmaganlar bormi? Bor. Ular aldovchilardir.

Demak, ikki qutb – aldanganlar va aldanmaganlar.

Uchinchi qutb ham mavjud: ham aldanib, ham aldanganlar. Bularga ham achinasan, ham rahming keladi.

Shuning uchun achinasanki, ular aldanishdan rohatlanib boshqalarni ham aldadilar.

“Mening og’am rus bo’lur” deb yozgan ulug’ shoirimiz mana bu satrlarni o’qigan, balki yod bilgan desam xato qilmayman:

“1881 yilda ruslar Amir Temur tomonidan Qutbu Chordahum mozori ustida solingan koshinkor go’zal va yuksak binoni miltiq dorisi bilan tubidan uchirtirib buzdilar va qabr erini Tuproqqurg’on deb atalgan qal’aga kirgizdilar”

Buyuk Qutbning suyaklari sochilib qoldi…

“Rossiya, Rossiya mening Vatanim” deb yozgan shoirimiz Samarqandda o’qib yurgan kezlaridayoq, mana bu satrlarni bilar edi:

“Ruslar Samarqandni bosib olar ekanlar general-gubernator “Xalqni, millatni yo’qotish uchun uning madaniyatini oyoq osti qilish kerak” deya amr berdi. Madrasalar qulay boshladi. Registonda madrasa ichida tahsil olayotgan 26 talaba joyida otib tashlandi”.

O’, bunday misollar, taqqoslar qancha ko’p. Yozaversang qo’ling qaltiraydi, diling eziladi, asablaring chatnaydi.

G’afur G’ulom …

Hamid Olimjon …

Abdulla Qahhor …

Oybek va boshqa o’nlab muallimlar, ustozlar, aqli arqonlar sizni Tangri rahmat qilsin! Sizdan ranjimayman, sizdan ranjimoq o’zimdan ranjimoqdir.

Faqat sizning taqdiringiz zamondoshlarimga dars bo’lmagani meni ranjitadi.

Ular ham aldanib, aldamoqdalar millatni.

U

Sahna tomosha markazi …

Sahna -o’z qiyofasini yashirishga majbur o’zga qiyofalar mashvaratgohi …

Sahna – dunyoning kichraytirilgan ko’rinishi …

Sahna – ulug’ iste’dod sohiblari va buyuk makkorlarning dargohlari …

Sahna – hamma o’z-o’zini fosh qiluvchi sarhadsiz minbar.

Bu sahnaga ne-ne podshohlar chiqmadilar, Ramzesdan Islom Karimovga qadar!?

O’z qiyofalarini yashirib, o’zga qiyofada yashadilar.

Olqishlar va qarsaklar yirtib yubordi soxta qiyofalarini.

Bu sahnaga qancha-qancha fozilu olimlar chiqmadilar!?

Olqishlarsiz va qarsaklarsiz qaytib tushdilar olqishlar va qarsaklar ummoniga.

Bu sahnaga qancha-qancha bechoralar, kosiblar chiqmadilar!?

Olqishlar va qarsaklarsiz tark etdilar sahnani.

Bu sahnada bugun ham ulug’ tomoshalar ro’y bermoqda.

Umrimiz tomosha bilan kechmoqda.

Qo’llarimiz qarsak urmoqdan yara, tilimiz olqishlamoqdan lol bo’lib qolmaydi.

Biz o’zimiz ham sahnadamiz.

Faqat bizga qarsak urmoq vazifasi yuklatilgan.

Shunisiga ham shukur, bosh rolni ijro etish topshirilganda nima qiladik?

Nima qilardik?

“O’ynayverardik”, deydi balki U. Vaholanki, U shunday ham bosh rollardan birini o’ynamoqda edi.

Faqat qarsak uruvchilar orasidagi bosh rolni.

Buni bildirmaslikka urinadi. Sahnaning asosiy talabi ham shu.

Demak, U oramizdagi eng iste’dodli o’yinchidir.

HAYDALISH

Haydalgan ketadi.

Ketmasligi mumkin haydalish uchun yana.

Haydalgan qaytib kelmaydi.

Kelishi mumkin haydalishi uchun yana.

O’zbekiston mustaqilligi masalasini kun tartibiga qo’yganimizda bizni xalq dushmanlari deyishdi.

Oradan yil kechib Jumhuriyatlar Ittifoqidan haydaldilar.

Arazlab ketishdi haydalganlar.

Ko’p o’tmay Mustaqil Davlatlar Hamkorligi bahonasida qaytishdi.

Yana ko’p o’tmay Iqtisodiy Ittifoqqa birlashishdi. Hatto mustaqillikni berib ham rubl “hovli”sida yashashni istashdi.

“Chaqqon” O’zbekiston edi.

Lirik chekinish: Poytaxt Shoshning “Navro’z” koshonasi. Prezident Islom Karimov yangi Konstitutsiyaga bag’ishlab ziyofat berdi.

So’zga yozuvchi Said Ahmad Islom Karimovni ko’kka “ko’tarib” qo’yganlaridan so’ng dedilar:

“Men ham mustaqillik uchun kurashganman. “Kelinlar qo’zg’oloni”da o’n besh jumhuriyatning markazga qaram bo’lganini aks ettirganman. Vaqt og’irligi uchun maqsadimni o’rab – chilmab aytganman”.

Davrada o’tirganlardan biri:

– O’zbekiston kim ekan-a? – deb qoldi.

Men sekingina “Sottixon” degan edim, kulgu ko’tarildi, – “Faqat “O’zbekiston” degan kalimangiz o’rniga Islom Karimov desangiz to’g’ri bo’lg’ay”.

Hammaning nafasi ichiga tushdi. Jimlik. Jimlikni “Jimjitlik”ning muallifi buzganlaricha allanarsalarni gapirardilar …

Darvoqe, haydalish haqida: qaytib kelganlar birdaniga “rubl” hovlisidan yana haydaldilar…

Haydalishlar xalqning azob-uqubati, xor-zorligi yo’liga aylandi.

Shu orada prezidentlar Karimov va Nazarboev Olmaotada uchrashib Bayonot berishdi:

“Hamma gapga qaramay, Biz Rossiya bilan iqtisodiy Ittifoqda qolamiz”.

“Hamma gap” iborasi biroz yanglish, “Haydalish” bo’lish kerak edi.

Haydalganlar qayta-qayta qaytib kelaverishlari mumkin yana haydalishlari uchun.

Agar qachondir o’z yurtlari, o’z Vatanlari, o’z hovlilaridanda haydalishni bo’yinlariga olgan bo’lsalar …

Balki haydalishning ham lazzati bordur?!

BAXT QUSHI

Millat vakili etib saylangan kunim Samarqand Tibbiyot Oliygohi rektori professor Subhonqul Oripov sim qoqdilar:

-Jahongir, boshingizga baxt qushi qo’ndi. Endi u sizni katta mansablarga etaklab boradi…

Baxt qushi …

U boshga qo’nsa va mansabga etaklasa, demak u baxtsizlik qushi.

Chunki har qanday ko’tarilishning yiqilishi, qaytib tushishi ham muqarrar.

Biroq mening boshimga tushgan o’sha qushning nomini bilmayman.

Bilamanki, u har kun, har soat yuragimni cho’qilab bir bo’lagini uzib eydi.

Bu og’riq, bu iztirobdan nolimayman.

Yuragim o’sib, yangilanib borayotganini sezaman.

Yuragimda boshqa bir qush paydo bo’lganga o’xshaydi.

U “Vatan, Vatan” deb qichqiradi.

Balki shuldir baxt qushi. Agar shunday ekan, baxt qushi boshga emas yurakka qo’nadi.

U mansabga emas, azoblar sari etaklaydi.

Zaro, baxt degani azob degani emasmi?!

PASHSHA

“Podshoh” so’zi “poshsho” so’zining uruslashganidir.

Balki “poshsho” so’zi “pashsha” so’zidan olingandir?

Pashsha erkinlikni yaxshi ko’radi.

O’z erkinligini …

Pashsha hamma joyni o’z mulki deb bilad…

Pashsha istagan, istamagan erga qo’nadi…

Podshoh-chi? Aynan o’xshashlik.

Erkinligi, hamma joyni o’z mulki deb bilishi, to’g’ri kelgan joyga qo’nishi ko’pincha o’limiga sabab bo’ladi pashshaning.

O’z ajali bilan o’lgan podshohlar oz…

Shu boismikan, pashshani o’ldirishganda hech kim aziyat chekmaydi, hatto pashshalarning ham parvoyiga kelmaydi…

AYOL QALBI

Dunyodagi sir-sinoatlar, tillolaru boyliklar, taxtu mansablar, jinoyatu jinoyatchiliklar, quvonchu shodliklar, g’amu tashvishlar, huzur halovatlar, qulfu eshiklar kaliti ayol qalbidir.

Shu bois uni o’g’irlaydilar, sotadilar, toptaydilar, chil-chil etadilar.

Ayol qalbini zabt etishning jamiki qabih usullarini ishga soladilar.

Na iloj, bunga ayollarning o’zlari yo’l qo’yadilar.

JINOYAT

Jinoyat – insonning o’z sarhadini buzishi…

Jinoyat – insonning boshqa bir inson sarhadiga tajovuzi…

Jinoyat – odamlik oyati unut bo’lib, jinlar oyatiga mayl kuchayganda sodir bo’ladigan voqea.

Jinoyat – jazoning boshlanishi…

Jinoyat – jin oyat…

Odam nega jinoyat qiladi?

Bu aqllilik belgisimi yo aqlsizlik?

Jinoyat aqlga emas, ongga bog’liq tushuncha. Ongning ma’lum bir so’qmoqlarida sustkashlik, chekinish, depsinish ro’y bersa, inson jinoyatga qo’l uradi.

Odam nega jinoyat qiladi?

Bu jazosizlik belgisimi yoki jazoga pesh chiqishmi?

Jinoyat gunoh va gunohsizlikni ajratib turuvchi chegara.

Bu chegarani buzgan odam jinoyat maydoniga tushadi.

Xuddi shu joydan jazo boshlanadi.

Jazosiz jinoyat yo’q.

Jazo jinoyatning markazida qilich yalang’ochlab turadi. Undan qochish mutloq mumkin emas.

Vujud undan qochsa, ong tutiladi…

Ong undan qochsa, qalb tutiladi…

Qalb undan qochsa, umr tutiladi…

Jazodan emas, jinoyatdan qochishni o’ylash mantiqlidir.

Chunki jazoga nisbatan jinoyat bir qadar ojiz, kuchsiz.

Inson jinoyatni mag’lub etishi mumkin, jazo esa insonni mag’lub etajak.

Jinoyatdan qochish g’oliblik, jazodan qochishga urinish mag’lublik.

YO’LOVCHI

Uning ikki dardi bor:

Avtobusda o’tirmoq uchun joy olish.

Manzilga tezroq etish.

Garchi kun bo’yi o’tirsa-da, garchi manzilda uni birov kutmayotgan bo’lsa-da!

Bu nafaqat avtobusda, balki har erda…

Inson hayotda o’rin izlaydi, manzilga shoshadi…

Garchi o’lim kutib turgan bo’lsa-da!

Nailoj, yo’lovchi bo’lishga mahkummiz,

Yo’lovchi etib yaratilganmiz!

O’ZIM HAQIMDA

…Juda yosh edim, rahmatli Anbar buvimning uylarida qolardim. Nevaralari ko’p bo’lsa-da, negadir meni tanlagandilar. Uylarida doim pishgan no’xat borligidan ham meni juda sevganlarini tushunaman, chunki tilim chiqqan kundan boshlab “nanna” der ekanman, bu esa no’xat degani.

Etti yoshda edim, buvimni xastaxonaga olib ketishdi. Ko’richak xastaligidan ko’z yumdilar. Ayriliq nima ekanligini o’shanda sezganman. Saharga qadar ostonaga termulib uxlay olmagandim. Eshik bilan ostona orasida bir qarich ochiq joy bor edi. Tashqaridan ikki mehribon ko’z qarab turgandek tuyulardi. Erda yotardik. Shu bois ko’zlarim tashqariga qadalgandi. Negadir bu manzarani unuta olmayman. Balki ilk marotaba o’shanda tashqarida faqat qo’rqinch emas, muhabbat ham borligini his qilganimdandir.

Aql-hushim kira boshlagan paytda Munavvar onaizorimni yo’qotdim. Qabrlari nurga to’lsin. Oradan besh yil o’tib askarlikka ketdim. Otamni o’ldirishdi. Menga xabar etganda, qabr sovugandi. Alloh rahmat aylasin!

Shundan keyin bir insonning sakson yiliga og’irlik qiladigan azob-uqubat, qiyinchilikni bir necha yil ichida ko’rdim.

Uylanganimdan keyin umr yo’ldoshim bilan yigirma marotaba ko’chdik desam mubolag’asi yo’q. Avvaliga uysizlik, keyin quvg’in, so’ng uyimizning yonishi, undan keyin yana surgun va Vatandan olisdagi kunlar.

Boshimga ko’p narsa tilimdan va qalamimdan keldi. Nohaqlik, adolatsizlikni ko’rsam, bo’g’zimga bir narsa tiqilib “gup” etib portlaydi, ya’ni bor gapni aytib yuborgan bo’laman. Shu bois meni shohdan tortib, birga kurash yo’liga kirgan safdoshlarim ham sevishmasa kerak. Chunki ularning kimliklarini orqadan emas, yuzlariga aytganman.

Keyin esa boshimga ko’p narsa o’jarligim va o’zimni hurmat qilishimdan keldi. Fikrimdan qaytmadim, ishonganimni isbotlashga urindim, qul bo’lmadim. Xushomadguylik qilolmadim. Vaholanki, shoh ham, gado ham xushomadni yoqtiradi.

Uchinchidan esa, ichki bir hisdan ko’p kuydim. Birov aldayotgani, yolg’on gapirayotgani, o’yin qilayotganini sezib qolaman. Sezib, indamasdan chorasini ko’rish go’zal. Ammo menda bu paytda tilim va qalamim ishga tushadi. Nafratimni yashira olmayman…

Oqibat shuki, bu satrlarni Vatandan olisda yozib o’tiribman. Ammo pushaymon emasman. Biri-biridan go’zal to’rt farzandim bor. Umr yo’ldoshim bilan rizqimiz, nonimiz butun ekan. Zor bo’lmadik, boshimizni egmadik. Lekin tinimsiz mehnat qildik.

Rahmatli onam “Bolam, peshonang tor, doim mehnat qilasanmi-ya!” derdilar. Ha, mehnatim engil emas. Ko’zlarimning nuri bilan non topaman.

Bugunga qadar “Samarqandni titratgan 525 kun” (qissa), “Kundaga qo’yilgan bosh” (publitsistika), “Qotmagan qon” (qissa), “Quvg’in” (roman), “Shahidlar mozori” (mansura), “Tong” (ocherklar), “So’kag’on rais”(hajviyalar), “99 nur” (Munojot), “Saroy o’yinlari” (kundaliklar) asarlarini yozdim.

O’jarligimdan bo’lsa kerak, kimgadir maqola yozishni, kimgadir fel’eton qanday bo’lishini, yana kimgadir hajviya qanday bitilishini “ko’rsatib” qo’ymoqchi bo’lib, juda ko’p qog’ozlarni to’ldirdim. Qo’lingizdagi kitob esa kimgadir emas, o’zimga va umr yo’ldoshimga yozilgandi. Ammo sizning ham “nasibangiz” bor ekan.

Hozircha so’ylanadigani shu. Qolgani keyingi kitoblar uchun…

Ko’rishguncha.

Ashgabat – 1994.

“Vatan mansiz, man vatansiz”

1994 yil, Turkiya, Istanbul

“Turon” vaqfining nashriyoti.

3 Responses

  1. […] 30.Vatan mansiz… […]

  2. […] 30.Vatan mansiz… […]

  3. […] 30.Vatan mansiz… […]

Comments are closed.