“Boshqa dunyo”dan boblar

kitob6. Til-tunning mohitobi

Til bilmagan dil bilmaydi, dil bilmaganni el bilmaydi. Boshqacha aytganda birovning tilini bilmasangiz uning dilini hech qachon anglay olmaysiz. U ham sizning kimligingizni anglamaydi.

Tilmochlar so’zlarni o’giradilar, lekin so’zlar sohibining nafasini, hissini, tuyg’ularini chevira olmaydilar.

Tarjimonlar yordamidagi suhbatlar esa diplomatiyadir – tavoze, manzirat va hokazo. Qolaversa, bir umr yoningizda tarjimon bo’lmaydi.

Bir kuni qo’shnimiz:

-Amerikada ko’p yil yashadim, lekin endi tilni o’qiyapman. Bunga yo’l mirshabining to’xtatgani sabab bo’ldi. Unga haqligimni tushuntirib berolmadim. Indamaygina jazoga rozi bo’ldim. Keyin bilsam, u meni sudga yuborgan ekan. Bordim. Tarjimon ham mening aytganlarimni sudyaga anglata olmadi. Shundan keyin til o’rganishga qat’iy qaror berdim,-dedi.

Qo’shnim bu gaplarni chuqur xo’rsinish bilan aytdi. O’ylanib qoldi. Buning ustiga ovqat uchun beradigan kuponini hech “hazm” qila olmadim. Do’kondan bir narsa xarid qilganimizda xuddi hamma bizga qarayotgandek va:

-Tekinxo’rlar,-deyayotgandek tuyulardi.

Shuning uchun do’konga boradigan kun yuragim “jizillab” turardi.

Bir kun Rohila o’ylab yurgan gaplarimni aytib qoldi:

-Qachongacha bunday yashaymiz? Ikkalamiz ham ilmli-bilimli bo’lsak, nahotki ingliz tilini o’rgana olmaymiz? O’rganmasak, uy-joy ham qilolmaymiz, mashina ham ololmaymiz, qaddimizni ko’tarib ham yurolmaymiz.

Do’konga bormay qo’yganingizni endi tushundim, bu kuponidan tezroq qutulishimiz kerak. U haq. Turgan turgan joyida tugar. Harakat qilish kerak.

Rohila bilan har kuni Biverton degan shaharchadan avtobusga minib, Portlandga boramiz. Avtobus juda oz va qatnov oralig’i uzoq. Aynan bekatdagi tabloga yozilib qo’yilgan vaqtda keladi va bir daqiqa ham kutmay ketaveradi. Hatto yugursangiz ham to’xtamaydi. Qoida shu, oldinroq kelib, kutib turishingiz kerak. Avtobus shoferiga yo’lovchi bormi, yo’qmi, farq etmaydi. Bir kishi bilan ham, yo’lovchisiz ham borib-kelaveradi.

Har kuni shu hol: avtobusda bizdan boshqa deyarli hech kim bo’lmaydi. Hammaning o’z mashinasi bor va yangi kelganlar ham avtobus mashmashasidan qutulish uchun eski mashina bo’lsada xarid qilib, “tirillatib” yurishibdi.

Portlanddagi Muhojirlar idorasigacha ikkita avtobusga chiqishimiz kerak, bir soatdan ko’p yuradi.

Idora boshlig’iga kirdik:

-Bizni bu o’qish qoniqtirmaydi, kuniga bir soatlik darsda hech narsa o’rgana olmayapmiz, o’ttizta odamdan ismini so’raguncha bir soat o’tib ketadi,-dedik ruschalab. U asli rus.

-Hukumat ovqat pulini berayatimi?

-Ha.

-Yordam pulini-chi?

-Berib turibdi.

-Homiy tashkilot holingizdan xabardormi?

-Xabar olib turishibdi, bizga bir necha keksalarni berkitgan, yordam berib turishibdi. Mehmonga, do’xtirga olib borib kelishadi.

-Unday bo’lsa mazza qilib yuraveringlar! Biz sizlarga ish topguncha ana shu bir soatlik darsga qatnab turasizlar. Qachon ish topsak, o’shanda aytamiz.

-Bizning maqsadimiz chinakamiga til o’rganish, bizga yordam bering.

-Boshqa imkoniyatimiz yo’q.

-Biz moddiy yordam so’ramayapmiz. Bizga til o’rgating. Bizni Amerikaga nimaga olib kelishdi bo’lmasa?

-Biz olib kelmadik sizlarni, olib kelgan tashkilotga boring, ular idoramizni loyiq topishgani uchun hukumat bilan kelishib sizlarni bu yerga yo’llashgan.

-Nahotki bizga yo’l ko’rsata olamasangiz…

Boshliq oxiri bizni bir ayolga topshirdi. U har tomonga telefon qildi. Portland shahrida uch joyda bepul kurslar topildi.

Bittasi Portland universitetida ekan. Bordik. Hamma yoshlar. Ularning tillari kelishib ham qolgan. Bizning esa ko’zimiz “olma-shaftoli” teradi, hayronmiz. Bir soat oldin o’rganganimizni ham esdan chiqarib turaveramiz. Qirq yoshdan keyin til o’rganishga balo bormi, degan gaplarni ham eshittik. Lekin 70 yoshli amerikalik rus tilini o’rganayotganini o’qib taskin topdik. Zotan, yuzga kirsang ham bilim bilan yuzlash, degan gap bejiz emas. Biz hali endi ellikka qarab “emaklayapmiz”.

Ertalab “Irko”ga borib, u yerdan chiqib, yugurgancha Universitetga o’tamiz. Tushlika vaqt qolmaydi. Yelkamizga osilgan sumkalarimizga uydan ovqat olib chiqqanmiz, bekatda yoki Portland markazidagi saylgohda tezda “tomoqdan o’tkazib yuboramiz”. Vaqtni qizg’anamiz. Mana shu ishimiz amerikaliklarga o’xshab ketmoqda. Ular och qoldilarmi, sumkalaridan bir narsa topiladi.

Bahor kelmoqda. Goho etni chimchilab ketadigan salqin, goho quyosh miltirab qoladi. Yomg’ir yog’magan kunning o’zi yo’q. Quyosh ko’ringan paytda Portlandda ishlaydiganlar gurillab shahar markazidagi saylgohga chiqadilar. O’rtada amfiteatr bor. Hamma zinalarda qator o’tirib olib, ovqatini yeydi. Ba’zan biz ham ularga qo’shilamiz.

Buning boshqa foydasini esa keyinchalik bildik. Amerikada turli vitaminlar ichib turish kerak ekan. Agar vitamindan qochsangiz uning o’rnini to’ldirish haqida o’ylashingiz lozim.

Masalan, bu yerlarda Quyosh kam ko’ringani uchun organizmda “D” vitamini yetishmaydi. Havo sovuq bo’lsa ham Quyosh ko’rindimi, ko’pchilik undan foydalanib qolishga urinadi.

Bizning esa dardimiz boshqa. Til o’rganish kerak. Bitta cherkovda va kechki o’rta maktabda til kurslari borligini aytishdi. U yoqqa ham yuguradigan bo’ldik. Hafta oxiri “muallimlarimiz” Reney va Shyorli uyga kelishadi.

Rohilaning til o’rganish qobiliyati yaxshi. Turkiyada ham ikkita romanni o’qib chiqib, gaplashib ketavergan va u “O’zbekistondan keldik” desa, gapirganini ko’rib, ishonmaganlar ham bo’lgan. Men tilni lahjasidan boshlaymanmi, qoidali qilib gapirgunimgacha vaqt kerak. Qolaversa, avval o’zbekcha o’ylab, keyin tarjima qilish odatim ham pand beradi.

Xayolda ertagim, xayolim tentagim degandek, ingliz tilini tez o’rganish uchun juda ko’p “hunar”larni o’ylab topdik. Masalan, uydagi hamma narsaning ustiga qog’ozchalar yopishtirilgan turardi. Qog’ozda o’sha narsaning nomi yozilgan. U yoqqa o’tsak ham ovoz chiqarib o’qiymiz, bu yoqqa o’tsak ham. O’qiymiz desa uncha to’g’ri bo’lmaydi. Yodlaymiz. Chunki inglizchada juda ko’p so’zlar boshqacha yozilib, boshqacha o’qiladi.

Ba’zi kalimalarni o’zbek, rus, tojik, turk tillariga yaqin so’zlarga moslab eslab qolishga urinardim. Ba’zan esa bu so’zlar mazmunan ham juda yaqin kelib qolardi. Masalan, sigirni “kav” (cow) deyishadi. Tojikcha esa “gav”. Qiz farzandni doter (daughter) deyishadi, tojikchada esa “duxtar”. Yoki “zip” degan so’z bor. Bu o’zimizda “zip etib” degani, oldiga fe’l yasovchi “to” qo’shimchasini qo’shib “to zip” dedingizmi, bu “zipillamoq” bo’ladi.

Ana shunday so’zlarning qo’lbola lug’atini tuzib oldim. Keyin xalqaro kalimalarni yozib chiqdim. Ular ham ayni. Lotin va ispan tilidan kelgan aksar so’zlar ham o’zgarishsiz qolgan. Lekin ko’plarining etimologiyasiga qarasangiz fors tiliga borib taqaladi. Arabcha so’zlar ham anchagina.

Xullas, ikki oy deganda uncha-buncha gaplashadigan bo’ldik. “300 ta so’zni bilsang gaplashib ketaversan” degan “gap” bor. Mingdan ziyod so’zni bilganimda ham gaplashib ketishim qiyin bo’lgan.

Bu yerda insonning o’z-o’ziga talabi ham rol o’ynar ekan. Gapirayotganda xato qilmayapmanmi, degan hadik kuchli bo’lgani uchun o’ylab-o’ylab baribir xato qilaveraman.

Demak, “Xato qilayapman” deb o’ylamasdan gapiraverish kerak. O’shanda tilni tezroq o’rganish mumkin.

Qiziq bir voqea bo’lgan. Kelgan kunlarimiz edi. Besh oltita so’zni o’rganib oldim. Do’konga borganda qizimga:

-Qani o’zim gapiraychi, sen qarab tur,-dedim.

Kichkina radio olishimiz kerak edi.

-Take me that recorder,-debman.

“Take” so’zi “ol”, “give” degani esa “ber”. Kallam o’zbekcha ishlamaydimi, “ber”ning o’rniga “ol” deb aytibman. Qizim qo’limdan tortqilab:

-Dadajon nima deyapsiz, “mani olgin” deyapsizku,-deb qiqir-qiqir kuldi.

Sotuvchi esa labini tishlab turibdi. Keyin bildimki, u kulsa, xaridorni kamsitish hisoblanarkan. Bechora kulgisini ham yashirib turibdi. Qizim tushuntirib bergandan keyin uyalib qoldim. Lekin o’zbekchada׃

-Ana uni bu yoqqa ol,-deyish ham mumkin. Inglizchada esa bu kulgili chiqib qoladi. Demak, so’zlardan ko’ra jumlalarni yodlash afzalroq ekan.

Darvoqe, Rohilaning tajribasi shunday, u avval so’zlarni emas, jumlalarni yodlagandi va grammatikani o’rganib mendan tezroq, puxtaroq gaplashib ketdi.

Aslida tilni bolalardan o’rganish kerak, chunki ular tezroq egallashadi. Biznikilar ham bir oyga qolmay chug’urlashib ketishdi. Maktabda ham, mahallada ham inglizcha gapirishadi. Ular ona tilini yo’qotishmasin, deb biz uyda tinmay o’zbekcha gapirishga qaror qildik. Hatto darslariga oid savollarni so’rashsa ham o’zbekcha javob qilardik.

Egizlarimiz O’zbekistondan chiqqanimizda besh yoshda bo’lganlari uchun o’zbek tilida qiynalib gapirishardi. Ammo biz gapiravergach, ular ham “ildirib” ketishdi. Baribir ular uchun ingliz tili birinchi, o’zbek tili ikkinchi bo’lib qoldi. Muhitni butunlay yengish mumkin emas ekan.

Shularga qaramay, o’zimiz ikki oy deganda “ichkariga chiq” yoki “tashqariga kir” deyishdek kulgili ahvolga tushmaydigan bo’ldik. Boshqacha aytganda yo’l mirshabi to’xtatsa, o’z haqqimizni himoya qila oladigan darajaga yetdik.

“Irko”da ham:

-Sizlarga maktablar yoki ilmiy markazlardan ish qidirmoqdamiz,-deyishgani bizni quvontirdi. Lekin ish degan “jonivor” topilavermadi…

O’shanda 1998 yilniv bahori edi. Oradan o’n yilcha o’tib, AQShda 6 ta kitobim chiqdi. Necha yillik orzuim – “O’zbekcha-inglizcha mukammal lug’at”ni nashr ettik. Rohilaning o’zi yana “O’zbek tili fe’llari” haqida ingliz tilida ilmiy risola bitdi.

Agar ovqat uchun beradigan kuponiga ko’nikib, til o’rganmasdan yuraverganimizda bugun AQShda o’rta sinfning yuqori pog’onasiga ko’tarila olmagan bo’lardik.

Xullas, til mohitob o’laroq tundek ko’ringan kelajagimizni yoritdi.

Jahongir Mamatov.

(Davomi bor).

Leave a Reply

Please log in using one of these methods to post your comment:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out /  Change )

Google photo

You are commenting using your Google account. Log Out /  Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out /  Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out /  Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: