5.Duoxonlik
Xaridni katta qilishimizning yana bir sababi bor edi. Uyda har kuni mehmon bor. Reney bilan Shyorli ingliz tili o’rgatish uchun kelishsa, Haydar va Sergey mashina haydashni o’rgatishga kelishadi. Qo’shnilarni ham taklif qilamiz. Uyga mehmon keldimi, qozon qaynashi shart. Qozon qaynadimi, dasturxon ne’matlarga to’lishi lozim. O’zbekning azaliy odati bu.
Ammo amerikalikda bunday odat yo’q. Masalan, ingliz tilini o’rgatishga kelgan odamni ham ish bilan keldi, deb hisoblaydi va nari borsa bir stakan suv taklif qiladi. O’zbekda esa birovdan muttaham bo’lib qolmaslik tuyg’usi kuchli. U bizga yaxshilik qilmoqdami biz ham qo’limizdan kelganini qilishimiz kerak. Bu – xislat.
Darvoqe, hozircha qo’limizdan kelgani mehmonlarga yoqadigan taom pishirish va yaxshilab mehmon qilish.
Lekin Oregonda biz tanigan amerikaliklar ham o’zimizga o’xshaydi. Uyingizda to’yib ovqatlandimi, ertasiga yo uyiga, yo restoranga chaqiradi.
Reneyning uyiga borganimiz qiziq bo’lgan. U avval bizni o’zi qatnaydigan cherkovga olib bordi. Cherkov degan joyga umrimda birinchi borishim edi. Qo’rqinchli joyi yo’q, bularning choyxonasiday gap ekan. Bir tomonda musiqa, boshqa tomonda yoshlar o’yinga tushmoqda, bir xonada keksalar suhbatlashib o’tirishibdi, ichkarida esa “mullasi” va’z o’qimoqda.
-Bizning cherkovda O’zbekistonni bilishadi,-dedi Reney va devorga osiqli xarita yoniga boshladi. Xaritaga bayroqchalar mixlangan. Shulardan biri “Toshkent” degan yozuvning ustida.
-Biz Tinchlik korpusi orqali borib ingliz tilini o’qitayotgan bir muallimga oylik maosh berib turishni bo’ynimizga olganmiz,-dedi u.
O’zimcha bular missionerga maosh to’lashsa kerak va u Toshkentda bularning dinini targ’ib qilib yurgandir, deb o’yladim. Xayolimdan “Bu bizni bu yerga bekorga olib kelmadiyov, uyimizga ham bekorga bormayotgandir?” degan gaplar kechdi va tashqariga chiqishga harakat qildim. Xuddi xayolimni o’qigandek, Reney “shaxsiy tarjimonim”-qizimga׃
-Bu yerga kelganimizdan maqsad bugun turmush o’rtog’im navbatchi edi, u kelolmaydi, uyda “Barbikyu” pishirmoqda, sizlarni ko’rsatib, mehmonlarim borligini aytib, navbatchilikni boshqa kunga ko’chirmoqchi edim,-dedi.
Uning uyiga kelsak, eri allaqachon go’shtlarning yog’ini jizzillatib, hammayoqni tutunga qoplatib turgan ekan. Biz kirishimiz bilan yana besh-olti kishi keldi. Bular aytilgan soatda, munut-minutini to’g’irlab kelisharkan. Darhol ovqatlar dasturxonga tortildi. 15-16 kishi o’tiradigan uzun stol atrofiga to’plandik. Birdan hamma qo’l ushlashdi.
Nima gap degandek Rohilaga qaradim.
-Bular duolarini o’qimoqchi, ovqatdan oldin shunday qo’l ushlab, duo o’qishadi, kinolarda ko’rmaganmisiz?-dedi u.
-Ishqilib bizni o’z dinlariga kiritishmayaptimi? Avval cherkovga olib borishdi, endi esa…
Pichirlab gaplashgan bo’lsak ham Reney biz tomonga qaradida qo’llarini yonidagi odamning qo’llaridan ajratib׃
-Avval Jahongir o’z duosini o’qisin, keyin biz,-dedi.
Dinni o’zgartirish qanaqa bo’lishini va Xudoga e’tiqodim qanaqaligini ko’rsatib qo’ygim keldi.
Bir qancha surani yoddan bilaman. Kalimalarni teran-teran aytib, avvalo shaytonni la’natladim. Davomidan “QulhuAlloh…”ni qoyillatib, unga “Fotiha” surasini ham ulab, orasida “Alof. Lom Mim”ni ham qoldirmay, “Moida” surasining beshinchi oyatidan “Kitob berilgan kimsalarning taomlari sizlar uchun haloldir va sizlarning taomingiz ular uchun haloldir” degan joyini ham qo’shib “Subhonallo” bilan yakunladim. So’ng o’zbekchalab o’tgan payg’ambarlaru qarindosh urug’larni duo qila ketdim. Agar Rohila sekin biqinimga turtib׃
-Ovqat sovib ketdi,-deb pichirlamaganida hali-beri to’xtamasdim.
Duoxonlikni “bitirib” ko’z qirim bilan atrofga qarasam, mehmonlar bardoshla bosh egib turishgan ekan. “Omin” deb qo’limni yuzimga tortdim, ular ham “Amin” deb yuzlarini silab qo’ydilar. Keyin yana qo’l tutishdik. Ularning duosi juda qisqa ekan׃
-O, Tangrim, bergan rizqingga shukur!
Shundan keyin qaerga borsak, men ham ular kabi qisqa yo’l tutdim va faqat “Bismilllohir rahmonir rahim” deydigan bo’ldim.
Gapning ochig’i o’shanda ular bizning dinimizni o’zgartirmoqchi degan gaplar xayolimga kelganidan uyaldim. Turkiyada har qadamda shu haqda gapirilgani uchunmi, ko’nglimda shubha paydo bo’lgan ekan.
Aslida Sovet davrida ziyoli-ateist oilada katta bo’lganman. Dadam dinga ishonmasdilar. Onam og’ir xastalanib qolganlar. Buning ustiga besh bolaning tashvishlari… Onamning vafotlaridan keyin dadam alamlarini aroqdan olganlar. Biz ham qiyinchiliklarni Xudodan deb bilganmiz. Chunki “Hamma narsa Xudo tomonidan bo’ladi” degan gapni har qadamda odamlardan eshitardik. Davr ham bizni arab bosqinchilari, ular kelib dinimizni o’zgartirishgani, onalaru bolalarni qirg’inbarot qilishgani, Muqanna qahramonligi kabi faktorlarga o’rgatgan. Boshqacha aytganda, biz dindor bo’lib tug’ilmaganmiz va dindor bo’lib yetishmaganmiz. Lekin e’tiqodimiz bor. Xudoga ishonamiz. Bu degani har qanday odamning o’z manfati yo’lidagi gaplariga ishonib ketaverish, otgan qarmog’iga laqqa baliqdek ilinish degani emas.
Shunga qaramay, Turkiyada beshta diniy kitobni tarjima qilganim bilan yuqoridagi kabi hollarda kulgili vaziyatlarga ham tushib qolaman.
Shubha yomon narsa. Vaqt ham isbotladiki, biz tanigan odamlar kim bo’lishidan, qaysi dinga mansubligidan qat’iy nazar kimgadir yordam qilishga o’zini bag’ishlagan insonlar ekan.
Bu gaplarni eslaganimda yodimga Vashingtonda yuz bergan bir voqea keladi.
2001 yil. Nyu Yorkdagi dahshatli portlovlar hammaning og’zida. Shunday kunlarning birida radiodagi hamkasbimiz uyiga mehmonga chaqirdi. Davrada Turkiya, Saudiya Arabistoni, Afg’oniston orqali bu mamlakatga muhojir bo’lib kelgan o’zbeklar bilan birga ikki amerikalik ham bor edi. Saudiya Arabistonidan kelgan o’zbek oq ishton va oq ko’ylak kiygan, davraning to’riga chiqib olgan. Ko’rinishidan ancha yosh bo’lsa ham davraning to’rini egallagandi. Hamma to’plangach, u duoxonlik qildi. Amerikaliklarni odam o’rnida ham ko’rmadi. Buning ustiga inglizchalab tinmay Amerikani yomonlayati.
-Taqsir siz shu yerlikmisiz?-deb so’radim undan o’zbekchalab.
-Alhamdululloh amerikalikman, sitezenlikni (fuqarolikni-JM) ham oganman, kecha kegan kegindi emasman,-dedi.
Bu gap menga og’ir botdi. Lekin mehmondamiz, indamay savolimda davom etdim׃
-Qaerda ishlaysiz?
-Kampiturda ishayman. Pragram tuzaman.
-Shu yerda o’qiganmisiz?
-Qatta bo’lardi, shetta bo’lmasa?
-Amerikani falon-falon deyapsiz. Bu xuddi nonko’rlikka o’xshayapti, undan ko’ra, qo’ying, o’zingiz ibrat ko’rsatib, Saudiya Arabistoniga borib yashang va bu yerdagilar ham bir kunlarini ko’rsinlar,-dedim.
-Siz O’zbakistondan kegan o’zbaklarning miyasi yuvilgan, mana bu amerikalikka o’xshaysizlar,-dedi u qo’lini bigiz qilib.
-Agar siz ham shu amerikalikka o’xshaganingizda taomdan oldin unga ham so’z berarmidingiz, u ham duosini aytarmidi?-dedim.
-Ayttimki miyangiz yuvilgan deb. Alloh bitta. Bizning dinimiz oxirgisi. Men o’qigan duo unga ham taalluqli. Boshqa tilda takrorlashga balo bormi?
Uning bu gapi ko’pchilikka yoqmadi va mehmonlarga qarab duosini aytishni so’rashdi. Ular ham shuni kutib o’tirishgan ekanmi, Xudoga bergan rizqi uchun rahmat aytib, qo’llarini dasturxonga uzatishdi. Bunda oregonlik do’stlarimning ham ta’siri bor. Tushundimki, ular toqatlilikka, bardoshga, bir-biriga hurmatga o’rgatishgan ekan. Zotan bu yemrilib borayotgan dunyomizni saqlab qolishga intilish. Boshqacha aytganda xalq diplomatiyasi.
Oradan o’n yil o’tib, Reney va Shyorlini Vashingtonga taklif etdik. Shyorlining 70 yoshga kirganini birgalikda nishonladik. Reney o’sha kunni esladi va “Qiroatini juda keltirgan eding, yana bir o’qimaysanmi?” dedi.
Darvoqe, bu ham qiziq voqea. Lekin unga 10 yil keyingi voqealar yozilgan bo’limida to’xtalamiz.
Hozir esa 1998 yilga qaytsak. Til o’rganganim, mashina olganim va haydashni boshlaganim.. haqida to’xtalmoqchiman.
Jahongir Mamatov
(Davomi bor).
Filed under: Boshqa dunyo | Tagged: Amerika, Jahongir Mamatov, O'zbeklar, uzbek |
Leave a Reply