4. Post Meridian
Merit bizni Reney, Shyorli degan ayollar va Ven degan oqsoqol bilan tanishtirib qo’ydi. Reney va Shyorli uyimizga kelib, inglizcha so’zlarni o’rgata boshlashdi. Ven esa shoferimiz, qayoqqa boramiz desak, xizmatda. Ba’zan uyiga ham mehmonga olib boradi. Uyi tog’ning tepasida, daraxtlar orasida. Xotini bilan yolg’iz yashaydi. Xotini ham uning o’ziga o’xshagan mehmondo’st.
Bir kuni Ven bizni hukumat idorasiga olib bordi. Bir qancha qog’ozlarni to’ldirdik. Kambag’allar ro’yxatiga kiritishdi. Oziq-ovqat xarid qilishimiz uchun kuponlar to’plamiga o’xshagan kitobcha berishdi. Bu pul o’rnini bosar ekan. (Hozir uning o’rniga plastik karta beradi-JM). Har bir kishiga 120 dollardan hisoblab, 720 dollarlik kupon berdi. Shuncha pulga oziq-ovqat xarid qilishimiz mumkin ekan.
Ana shu kuponlar bilan katta do’konga bordik. O’zbekning o’ylagani palov. Dastlab palovga go’sht olmoqchi bo’ldik. O’rab, qutichalarga chiroyli qilib solib qo’yibdi. Bittasini oldim. Kallamda narxini so’mga aylantirsam, ancha arzon ko’rindi.
-Go’sht bu yerda O’zbekistondagidan ham arzon ekan, -dedim Rohilaga.
U ham hayron. Ammo qo’limdagining ustiga 2 raqami yozilgani bilan hech ikki kiloga o’xshamas edi.
-Nahotki bularda ham tarozidan urishsa?
-Xo’jayin qiziqmisiz, axir o’rab, qutichaga solib qo’yibdi-ku?-dedi umr yo’ldoshim.
U oila qurganimizning ilk kunlaridan “xo’jayin” deyishga o’rgangan. Hazillashib, “muomalalaringiz feodalchasiga-ku” deganlar ham bo’lgan. Lekin rahmatli qaynonam ham qaynotamni “xo’jayin” der edilar. Onasining qizi…
-Mana, qara, bu ikki kilo kelmaydi,-dedim go’shtni Rohilaga uzatib.
-Haqiqatdan ham yengil-ku?
Qizim qutining ustiga “kg” emas, “lb” yozganini aytib, sababini Vendan so’radi. Ven tushuntira ketdi׃
-Amerika bilan SSSR ikkita boshqa dunyo edi. U yoqda hamma narsa gramm, kilogramm bilan o’lchansa, bizda ouns, pound bilan o’lchanadi. U yoqda meter, kilometr bo’lsa, bu yerda yard va mill.
Xullas, arang tushunib oldikki, qo’limizdagi ikki kilo emas, 907 gramm ekan.
Avvaliga xijolat tortdik. Shuning ham farqiga bormabmiz. Keyin esa Ven qolgan sohalarni ham tushuntira boshladi. Hamma narsa boshqa. Vahima bosdi. Tushkunlik boshlandi.
Vatanda shuncha o’rganganimiz, shuncha bilganimiz bir zumda bir tiyinga chiqib qoldi. Bilimlarimiz shamolga uchib, kallamiz huvillab qolgandek his qildik o’zimizni. Hammasini boshidan boshlashimiz, hammasini qayta o’rganiishimiz kerakligini angladik.
Aslida bir narsani bilmagan odamning o’rganishi oson. Lekin biz kabi ayni narsani boshqa nomda va boshqa o’lchovda bilgan odam uchun yangisini o’rganish qiyin. Chunki hamma narsani avtomatik tarzda eskisiga aylantirib tushunish boshlanadi.
“Havo harorati 32 daraja” deydi. Bu farangeytda. Biz uni “o’zimizniki”ga aylantiramiz. Nol daraja bo’lib chiqadi. Kalla emas jinnixonaga alanadi. Hali uni, hali buni aylantir, taqqosla, inglizcha nomini yodla…
Oxiri qo’limga qo’llanma qilib oldim:
1 yard=91.44 sm
1 meter-39.37 inch
1 foot =30.48 sm
1 inch=2.54 cm
1 teaspoon(choyqoshiq)=5 gr.
1 teyblespoon(oshqoshiq)=15 gr.
1 chashka (cup)=250 gr.
1 kg=2,2 pound
1 pound=453.6 gr.
1 ounce=1/16 pound=28.4 gr.
1 oz-29.57 milliliter
Tana harorati:
Bizda 37 bu yerda 98
Bizda 41 bu yerda 105
Benzin olsangiz liter bilan emas, galon bilan o’lchanadi.
1 galon=3,7 liter
Juda qimmat-ku, desangiz literga ag’darilganda, arzon bo’lib chiqadi.
Xullas, bu “qo’llanma”ning oxiri yo’q edi. Chunki hamma narsa boshqa. Hatto pul sanash ham.
Bir kuni 3 dollaru 25 sent(cent)ga narsa olib, besh dollarlik berdim. Do’konchi qo’limga pul qaytarar ekan:
-Ellik,-deb 25 sentlikni qo’limga berdi. Keyin:
-Yetmish besh,-deb yana bittasini uzatdi.
Undan keyin:
-4 dollar,-deb yana bittasini berdi va bitta bir dollarlikni uzatib:
-Besh dollar,-dedi.
Boshim qotib qoldi. O’zim bunga besh dollar bergan bo’lsam, bu yana nega besh dollar qaytardi? Qo’limga qarayman. 1 dollaru 75 sent. Nega bu besh dollar deyati?
Keyin bilsam, bular qaytimni olingan narsaning ustiga hisoblarkan. 3 dollaru 25 sentga qo’sha borib besh dollar chiqarar ekan.
Bitta dunyoda yashasagu hamma narsa boshqa, bu nima degan gap? Hatto soatni ham biz kabi aytishmaydi. Soat 15 deb ko’ring, og’zi lang ochilib qoladi.
Bu yerda ertalabki soat va kechki soat bor. Tunda 12.01 bo’lsa, ertalab boshlangan. Tushda 12:01 bo’ldimi, kechki soatga o’tasiz. Faqat raqamlarning orqasidan “Ey-em“ (AM) yoki “Pi-em” (PM) deb qo’yishadi. Bu “Ante Meridian” (Kun o’rtasidan oldin) va “Post Meridian” (Kun o’rtasidan keyin) degan so’zlarning bosh harflari. Ko’rdingizmi, Amerikani har kim o’zi kashf qiladi degan gap qaerdan paydo bo’lgan?
Xullas, o’sha kunga qaytadigan bo’lsak, qo’limizda yetti yuz yigirma dollarlik kupon bor deb narsalarni o’zbekcha bozorlik qilib olaverdik. O’zbek bir bozorga bordimi, bir oyligini yoki o’n besh kunligini “zapas” qiladi-da.
Odamlarga qarasak olmani donalab olmoqda. 2-3 ta. Biz 10-15 tasini xaltaga soldik. Qolgan narsalarni ham shunday olayapmiz. Venga qarasam og’zi ochilib qolgan. U bir aravchadagi narsalarga va bir bizga qaraydi. Oxiri qizimga bir nimalar dedi.
-Dada bu narsalar har kun shu yerda turadi, har kunligini har kun olsa ham bo’ladi. Bugun bitta mevani tatib ko’rsak, ertaga kelib boshqasini olishimiz mumkinligini aytayati. Keyin mehmonga borishimiz, oshxonadan ovqat yeyishimizni ham hisobga olarkanmiz.
O’zimcha o’yladim, bechora amerikalik, bilmaydiki, biz olti jonmiz, uch kunga qolmay bu narsalarning “qorasini o’chiramiz”. Buning ustiga u bilmaydiki, bizda “zapas” degan narsa bo’lishi kerak…
Lekin o’zbek har qanday sharoitdan chiqib ketadi. Qizimga:
-Unga ayt, biz uni o’ylab ish qilayapmiz, har kuni uni sarson qilishni istamaymiz, shuning uchun birdaniga bir ikki haftaligini olayapmiz,-dedim.
Amerikalik ham bizga o’xshaganlarni ko’raverib pishib ketmaganmi, nima deydi deng:
-Bu do’kon uyingizga yaqin, ozginadan olsangiz piyoda kelib ketsa ham bo’ladi, piyoda yursa sog’liqqa ham foyda.
Xullas, “Olingan narsa olingan joyida” degan otalar so’ziga amal qildik.
Uyga kelgach amerikalik haq ekanligiga ishonch hosil bo’ldi. Chunki muzlatgich deyarli to’la. Narsalarni saqlash uchun maxsus yerto’la yo’q. Bunisi ham mayli. Bu narsalar tez yeb bitirilmasa buzilib qolar ekan.
O’zbekistonda ro’zg’or yuritishda “zapas”ga o’rgangandim. “Bir oyligini keltirib tashla va qulog’ing tinch” degan naql hukmron edi. Bu yerda kunligini kunlik yoki eskirmaydiganini haftalik tarzida olib kelishga o’rgandik. Boshqacha aytganda, ro’zg’or yuritishimiz ham bu yerning qoidalariga uymadi.
Xullas, vaqt Post Meridianga o’tdi va “gungalak” TV tomoshasi boshlanadigan payt bo’ldi.
Jahongir Mamatov
(davomi bor).
Filed under: Boshqa dunyo | Tagged: Amerika, Amerika hayoti, Америка, Jahongir Mamatov |
Leave a Reply