“Boshqa dunyo”

1998 yil, Oregon

1998 yil, Oregon

7. Birinchi mashinam

Bir kuni Mehmet degan turk bilan tanishib qoldim. Uyiga taklif qildi. Bordik. Umr yo’ldoshi Sevinch xonim va bir o’g’li bilan yashar ekan.  Do’stlashib qoldik. U׃

-Amerikaga yangi kelgan odam nima qilib bo’lsa ham ishni mashina olishdan boshlashi darkor,-dedi.- Bu yerda mashinangiz bo’lmasa keraksiz odamsiz. Biror joyga vaqtida borolmaysiz, ishga o’taman, desangiz o’tolmaysiz…

Lekin meni ko’ndirishi qiyin bo’ldi. Chunki O’zbekistonda xususiy mashinaga ehtiyojim bo’lmagan. Buning ustiga mashina haydasam xayolga tolib qolishdan qo’rqardim. Shuning uchun Amerikada ham mashinasiz yashash mumkin, deb o’yladim. Avvaliga avtobusda yurishga qaror qildik. Ammo bu azobning azobi, vaqtning ajali.

-Mashina sizning ham qo’lingiz, ham oyog’ingiz,-dedi Mehmet,- Shuning uchun ham bu yerda mashina boylik ramzi emas, balki harakat vositasi hisoblanadi. Qarang, uch yuz million aholisi bo’lgan Amerikada xalqning qo’lida ikki yuz milliondan ortiq mashina bor… U yog’ini topib olavering.

-Bu yerda bizdagi kabi siz mashinani emas, mashina sizni qidiradi,-deb suhbatga qo’shildi Sevinch xonim.

-Ha, Sevinch haq, qaysi ko’chaga bosh suqmang biror bir kompaniyaning dilleri(mashina sotuvchisi-JM) yoki dillershipi(mashina sotadigan shirkati-JM)ga duch kelasiz. Ular ham yangisini, ham eskisini sotishadi.

-Agar mashina olish niyatingiz borligini bilib qolishsa, bo’ldi, qo’llaridan qutulishingiz mushkul,-deya qo’shimcha qildi Sevinch xonim.-Shunday ko’chalar borki, boshidan adog’igacha dillershiplar egallab olgan. O’sha tomonga bordingizmi, demak, mashina olmoqchisiz, sizni ta’voze bilan qarshi olishadi. Kirgan ham sizga qarab jilmaygan, chiqqan ham sizga qarab kulgan, hamma sizga salom bergan, ahvol so’ragan. Maqsad-pulingizni olish. Maqsad-sizga salom berib, boshliqlariga yaxshi ko’rinish.

-Nima qilishsin? Sotuvchilarning aksariyati maoshga emas, siz oladigan mashinadan tushadigan “komission”ga, foyizga ishlashadi. Qancha ko’p sotishsa, shuncha ko’p pul topishadi. Ularning qarmog’iga laqqa baliqdek ilinib qolmaslik uchun siz ham tayyorgalik ko’rib borishingiz kerak. Eng kamida pul sizniki ekanligini va  ular shunga hamla qilayotganlarni his etishingiz va o’zingizni bardam tutishingiz kerak.

-Mehmet, bu gaplarni qo’y, jonim,  bularga ko’chada sotiladigan mashinalardan topib ber!-dedi Sevinch eriga.

Biz ularni “sizlab” gapirganimiz uchun bizga “siz” deyishsada, o’zaro odatlariga ko’ra sensirab gaplashisharadi.

Biz hali mashina olish uchun pulimiz yo’qligini va ishga kirsak keyin bu haqda o’ylashimizni aytdik.

-Bu probelma emas, mashinani topsak u yog’ini hal qilamiz,-dedi Mehmet.

Ertasiga u bizni mashina qidirishga olib chiqdi.  Ko’chalarni aylanib, peshtoqiga “FOR SALE” (“Sotish uchun”)  degan yozuv yopishtirilgan mashinalarni ko’rdik. Birisi unday, birisi bunday. Bitta katta uyning yonida sotuvga qo’yilgan “minibus”ni ko’rib qoldik. Mehmet ko’rsa ham unga e’tibor qilmadi.

-Dada, opam mashinasini sotmoqda, shekilli?-deb baqirdi o’g’li.

Mehmet inglizchalab bir narsa dedi. Ota – o’g’il ancha  chug’urlashdilar. Keyin Mehmetning uyiga keldik. Uning sayyor kafesi bor. Uyida ovqatlarni pishirib, kafe-do’konga aylantirilgan mashinasiga joylab, tush payti qurilish joylariga olib boradi. Bir zumda pullab qaytadi. Taomlari ko’proq turkcha va grekcha. Ammo hafta oxirida, ko’l bo’yiga borganda faqat Amerika taomlarini olib boradi yoki o’sha erning o’zida pishirib sotadi.

-Amerikaliklar taom masalasida juda konservativ, asosan bilgan ovqatini yeydi, bilgani esa “Hotdog”,- derdi u.

Uyida Sevinch xonim Rohila bilan  birga “Do’nar” pishirishga boshlashgan ekan. Mehmet bir shisha “Viski”ni ko’tarib chiqdi. Uni ichmaydi deb o’ylagandim. Lekin birining ortidan ikkinchisini sipqora boshladi. Kayfi oshgandan keyin ko’ziga yosh oldi.

Hayotining dahshatli hikoyasini aytib berdi׃

-Turkiyada millatchilar partiyasiga a’zo edim. Davlat to’ntarishi bo’lib qoldi. Kim demay, nima ish qilasan demay qamoqqa tiqishdi. Oyog’imning tirnoqlarini so’kib olishdi. Adolatsizlik yomon ekan. Qilmagan ishingni bo’yningga qo’yishsa, sinib ketarkansan…

Mehmet qamoqdan chiqib ham ta’qibdan qutula olmay, Turkiyani  tark etib, Amerikaga kelibdi. Ikki qizi  bor ekan. O’g’li Amerikada tug’ilibdi. Katta qizi maktabni bitirib, oliygohga kiribdi va bir amerikalikni sevib qolibdi.

-Hayotimiz ostin-ustun bo’lib ketdi. Dinimiz, madaniyatimiz nima bo’ladi? Uyda hech narsa qila olmadim. Bolangizni urib-so’kdingizmi, olib borib qamashadi. Bolani sizdan ajratib olishadi. Unga yotadigan joy berishadi, yegulik-ichkiligini ham berishadi. Bu yerda bitta machit bor edi. Shunga qatnardim. Borib dardimni imomga aytdim. Imom yaxshi odam. Uzoq o’yladi va livanlik bir kishi ikki qizini pichoqlaganini misol qilib aytib, bu oxiri yomonlik bilan tugaydi, shuning uchun Turkiyaga bor va qizingga o’sha yerda yigit topiladi, dedi…

Mehmet shundan keyin o’zi tug’ilib o’sgan Konyaga borib o’sh yerda qiziga kuyov izlabdi. Oxiri bir yigitga uzatib qaytishibdi. Oradan uch oy o’tgach, qizi o’z joniga qasd qilibdi.

Mehmet yig’lab yubordi׃

-Borganimizda, ko’mib qaytishgan ekan… Boshimni devorlarga urdim, dod dedim, voy dedim … lekin nimani o’zgartira olardim? Hatto qizim nega o’z joniga qasd qilganini ham bilolmay qaytdim. Qaytsam  qizimdan xat kelgan ekan.

U shunday deb ichkaridan bir xatni olib chiqdi. Qarasam Sevinch xonim ham piqillab yig’lamoqda. Shundagina ularning sochlari oqarib qolgani, yuzlariga ajinlar tushganini fahmladim. U xatni menga uzatdi. Xat ikki sahifalik bo’lib, unda qizi ota-onasidan minnatdor ekanligi, ularni ayblamasligini yozgan. Keyin u Turkiya sharoitiga moslasha olmagani,  hamma narsa boshqaligi, odamlar ham boshqaligi, hatto fikrlash ham boshqa ekanligi, o’z sevgan yigiti qolib, o’zi ilgari tanimagan-bilmagan yigit bilan bitta yostiqqa bosh qo’yishning azoblariga chiday olmaganini yozgandi.

Dahshat edi. Qo’llarim qaltirab, ko’zlarimdan yosh siza boshladi. Mehmetni quchoqlab bag’rimga bosdim. Unga taskin berishga kuchim etmas edi.

1988 yilda u tug’ilib o’sgan Konyaga borganim va u yerda “Samo” raqslarini tomosha qilib, Mavlono Jaloliddin Rumiyning she’rlarini tinglaganimni aytdim. Rumiyning mana bu satrlarini turkcha aytib berdim׃

“Gel, gel, ne olursan ol yine gel,
İster kafir, ister mecusi,
İster puta tapan ol yine gel,
Bizim dergahımız, ümitsizlik dergahı değildir,
Yüz kere tövbeni bozmuş olsan da yine gel…
Şu toprağa sevgiden başka bir tohum ekmeyiz,
Şu tertemiz tarlaya sevgiden başka bir tohum ekmeyiz biz…
Beri gel, beri ! Daha da beri ! Niceye şu yol vuruculuk ?
Madem ki sen bensin, ben de senim, niceye şu senlik benlik…
Ölümümüzden sonra mezarımızı yerde aramayınız!
Bizim mezarımız âriflerin gönüllerindedir.”

Bugunga qadar ham dunyoda o’z ahamiyatini yo’qotmagan bu ulkan asarni quyida O’zbek lahjasiga ag’dardim׃

Kel, kel, ne bo’lsang ham kel,
Balki kofir, balki majusiy,
Balki butparassan, bari bir kel,
Bizning dargohimiz umidsizlik dargohi emas,
Yuz karra tavbangni buzgan bo’lsang ham kel,
Bu tuproqqa sevgidan boshqa narsa ekmaymiz,
Shu beg’ubor dalaga sevgidan boshqa urug’ qadamaymiz biz,
Yaqinroq kel, yaqinroq! Yana ham yaqinroq! Bu ayirmachilik yo’li kimga ham kerak?
Modomiki sen mensan, men senman, nega bu sanlik-manlik…
O’lganimizdan keyin qabrimizni erdan qidirmang!
Bizning mozorimiz oriflarning ko’ngillaridadir.

Keyin Mehmetning ikkinchi qizi ham bir amerikalikni yoqtirib qolibdi va oila qurishga azm qilishganini xo’rsinib hikoya qildi׃

-Hech narsa demadim. Shu bilan oila qursang baxtli bo’lasanmi?-deb so’radim. Indamadi. Men ham indamadim. Oila qurishdi. Ikki farzandi bor. Domot qizimni boshiga ko’taradi. Bizni ham juda hurmat qiladi. Bolalari maktab boradigan bo’lishdi. Shuning uchun ham minibusini sotuvga qo’yibdi. Boya ko’rganimiz o’sha edi.

Shu payt qizi va kuyovi kirib kelishdi. Nevaralar Mehmetbeyni quchoqlab o’pishdi va dasturxondagi “Do’nar”ni ko’rib uni bir zumda unutishdi.

Otasining yig’layotganini ko’rgan o’g’li opasiga telefon qilibdi. Opasining ismi Orzu. Kuyovning ismi William. “Vil” deyisharkan. U turkchani ancha o’rganib olibdi. Kulgili chiqsada parvo qilmay gapirayapti. Biz uyining yonidan o’tganimiz va kirmaganimizni ham bilarkan. Mashina qidirganimizdan ham xabardor.

-Ertaga yangi mashina olaman. Shuning uchun bunisini sizga bermoqchimiz,-dedi u.

-Bepul olmaymiz,-dedim xuddi cho’ntagimdan pul oqib turgan odamdek.

-Bepul emas, ming dollar,-dedi Vil turkchalab.

Mehmet holimni tushundi va so’zga aralashdi׃

-Hozir minib turasizlar, qachon ishlab, yangisini olganda, buni sotsangiz o’sha pul Vilniki.

-To’g’ri, to’g’ri,-dedi Vil.

Keyinchalik tushundimki, Vil  turkka aylanib bo’lgan ekan. Chunki  biror bir amerikalik mashina sotsa, qaynotasi u yoqda tursin, otasi bilan ham maslahatlashmaydi va bir tiyinni ham hujjatsiz qarzga bermaydi. Vil esa mashinasini deyarli tekinga berdi.

O’sha kuni Vil minib kelgan minibusi(Plymouth van)ni bizga tashlab ketdi. Biz esa haydashni ham bilmaymiz.

Mashina haydashni o’rganganimiz haqidagi hikoyadan avval bir narsani aytib ketmoqchiman. Minibusni to’rt oy mindik va Vashingtonga ketish oldidan  bir rus ayol׃

-Bir yarim ming dollar beraman, ketguncha minib, vokzalda qoldirib ketasizlar,-dedi.

Pulni olib Vilning yoniga bordim׃

-Mana mashinani sotdim,-deb unga bir yarim ming dollarni uzatdim.

-Men ming dollarga sotgandim, keyin Mehmetning do’sti bo’lganingiz uchun besh yuzga arzonlashtirdim, keyin mening ham do’stim bo’lganingiz uchun yana besh yuzga arzonlashtirdim,-dedi u pulni qo’liga ham olmay.

Ko’p gap so’zdan keyin oxiri ming dollarni oldida׃

-Rozi bo’ling,-dedi.

Ichkaridan yugurib chiqqan o’g’ilchasi Mustafo inglizchalab׃

-Amaki ovqat tayyor, oyim aytilla,-deb qo’limdan tutib, ichkariga tortqiladi.

Bu paytda inglizchani oz-moz tushunadigan bo’lib qolgandik.

Oradan o’n yil o’tib bizga qadrdon bo’lib qolgan bu oilaning Mustafosiga tug’ilgan kunida bir hadya jo’natdik. Undan turkcha javob keldi׃

“Men bilan birga onam va dadam hamda bobom va buvim ham sevindilar…”

Bizga doim shunday saxovatpesha, yaxshi odamlar ro’baro’ kelib qoladimi yoki dunyoning asosiy qismi yaxshilardan iboratmi, bunisini bilmadim?

Jahongir Mamatov

(Davomi bor).

Leave a Reply

Please log in using one of these methods to post your comment:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out /  Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out /  Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: