Mashina olganimizni eshitgan Reney va Shyorli xursand bo’lib, bizni Portland shahridagi Simfonik Kontsertlar Saroyiga taklif qilishdi. Kontsertdan oldin suv ustida qurilgan restoranga olib borishdi. Bu joyda ummon mahsulotlaridan taomlar pishirilar va qimmat taomlar maskani hisoblanarkan. Rohilaning sevgan taomlari, ammo menga yoqmaydi. Bildirmaslikka harakat qildim. Aytsam bo’lar ekan, ular menga o’xshab bu taomlarni yoqtirmaganlar uchun oddiy ovqatlar ham pishirarkan. Buni keyinchalik o’rgandim va Amerikada eng mazzali oddiy taomlar dengiz mahsulotlari pishiriladigan restoranlarda bo’ladi, desam lof emas. Har holda menga shunday, hamma baliqlaru shunga o’xshagan narsalarni yeb turganda oddiy ovqat oltin ovqatda! Xullas, bu restorandan qutulib konsert saroyiga keldik.
Raxmaninov va Shostakovich simfoniyalarining ijro kechasi ekan. Tomoshabinlar orasida nafaqat inglizlar, balki o’nlab millat va elatlarning vakillari bor edi. Hashamatli va go’zal naqshlar bilan bezatilgan saroydagi shovqinning o’rnini dirijyorning qo’liga qamchisini, ya’ni tayoqchasini olishi bilan kirib kelgan sukunat qopladi.
Turli madaniyatlarga oid, to’g’rirog’i, o’zlarida turli madaniyatlarni yashatgan insonlar yakvujud bo’lib Shostakovichning beshinchi simfoniyasini tingladilar. Navbat Raxmaninovga keldi. Nafaqat muallif ismi sharifida, balki musiqasida ham qandaydir Sharqqa yaqinlik bor.
Dirijyor tayoqchasini ko’tarishi bilan skripkaning ingroq sasi yoyildi. So’ng bu sasni pianinoning o’yinqaroq tovushi yulib ketdi.
Birdan violonchelning titroq ohangi oldinga o’tdi, ammo u kontrabassning bo’g’iq sasiga qorishib, ummonda g’arq bo’lgandek, ohanglar qo’yniga singib ketdi. Avvaliga g’ayriodatiy tuyulgan ovozlar birdan uyg’unlashib sokin ummon ustida orqama- orqa kelgan to’lqinlar kabi bir yo’lga kirdi.
Simfoniya to’lqinlari tuyg’u qirg’oqlariga urilar ekan allaqanday his tiyran, tiniq va darin ummonning sehr iplariga osildi. O’rtada omonsiz kurash boshlandi. Tafakkurning taxmonlaridan qalqib kelgan kuch bu hisni tizginlab ortga tortqilay boshladi.
Ortda moziyning bitiklaridan saslar o’laroq oyoqqa qalqqan qichqiriqlar avval faryodga, so’ng hayqiriqqa aylandi. O’rxon bitiklari tilga kiradi: O’ZLIGINI O’ZLAGAN KECHIKKAN ODAMDIR. O’ZLIGINI ASRAGAN O’TMISHINI O’LDIRMAGAN, KELAJAGINI BESHIGIDA BO’G’MAGAN INSONDIR.
O’zligim, deb yig’ladim,
Senga topinar ekan,
O’zligim, deb yig’ladim,
Boshim chopilar ekan!
O’rxon bitiklaridan kelgani kabi qalbda uyg’ongan bu sas butun tuyg’ularni jumbushga keltiradi va bugunning hayqiriqiga aylanadi:
O’zligim, deb hayqirdim,
Dovul, bo’ron essa ham.
O’zligim, deb hayqirdim,
Qilich boshni kessa ham !
Tafakkurning devorlariga Abu Nasr Forobiyning satrlari yoziladi go’yo: Sen boqiysan, ammo hisning ortidan ketsang foniyga aylanasan va g’aribliklar qo’ynida oniydan yo’qolasan. Hatto mozor toshingni boshqalar u yoqda tursin, o’zing ham qidirib topolmaysan…
Simfoniyaning shiddatli bongi moziydan kelayotgan bu nidoni yutib yuboradi, go’yo. To’lqinlarga qo’shilib, goh ko’rinib, goh g’arq bo’lib, girdobning panjasidan qutulmoq uchun mujodalaga kirgan bu nidoni qutqarmoqqa, yordamga kelgandek, Abu Rayhon Beruniy hazratlarining yodgorliklari oyoqqa qalqadi.
Zalvorli, og’ir toshli, bosiq bir tovush dolg’alarni parchalab yuboradi: Zamin ummonlarning qurigan nuqtasidir. Zamin insonlarning ulg’aygan makonidir. Zamin kurashga kirganlarning suyangan tog’i, joni-jahonidir…
Simfoniya tobora yuksalib borar ekan, bu ulkan tog’ni ham ko’mib yuborishga urinadi. Ammo tog’ shu qadar mustahkamki, uning poyini emirmoqqa simfoniya ojiz edi. Tog’ shu qadar yuksakdaki, ummon har qancha yuqoriga talpinmasin, baribir uning oyoqlariga bosh qo’yardi.
Va… tog’ ortidan “Cho’li iroq”ning qilichdek o’tkir tig’li ohanglari mudragan tuyg’ularning yurak pardasini tirnab, o’lgan hislar ustidan faryod tortib, nolalarni giryonlarga ko’mib, ezg’ilovchi ustunligi bilan borliqqa hukm eta boshlaydi. ”Cho’li iroq”ning munis va ma’sum hayqirig’i “Munojot”ning olovli ovozi bilan kuchlanadi, “Munojot” ohangining karvonida ne-ne jahongirlar, sohibqironlar, davlatmonandlar, yurtboshilaru -ellikboshi, o’nboshi va shoiri zamonlar qo’llari, oyoqlari zanjirlangan holda dardlar ortidan sudrala- sudrala kelardilar.
“Munojot” insonni ezib-ezib bir nuqtaga, bir zarraga aylantirib yuborar ekan, uning zulmidan zarraga aylangan inson ne-ne qudrat sohiblaridan ustunroq kuchga ega ekanligini anglaydi. Chunki u zarra hislarga qul bo’lmaydi va faqat “Munojot”ning qulidir u!
“Munojot”ning ortidan “Toshkent irog’i”, so’ngra “Segoh” va “Samarqand ushshog’i” undan so’ngra esa “Navo” oqib kela boshlaydi. Bu kuch, bu qudrat oldida bo’yin eggan simfoniyaning to’lqinlari tobora sinib, o’z go’shasiga chekila-chekila, borliq qo’yniga singib ketdi va zalda gulduros qarsak yangradi.
Inglizlar, ispanlar, yaponlar, ruslar, ukrainlar, xullas oq tanli-yu qizil tanli-yu qora tanli insonlar bir vujud bo’lib Raxmaninov simfoniyasini olqishlayotgan edilar. Bir kun ular “Cho’li iroq”ni, “Munojot”ni ham olqishlamoqlarini istardi ko’ngil. Ammo qayoqda?! Atlantikaning naryog’ida, Hind ummoniga yaqin bir erda bu soatda O’zbekiston uxlayotgan edi. Amerika esa uyg’oq, oyoqda. O’zbekiston balki darin uyqudan so’ng yolg’on tush og’ushida… Balki tushning mudroqlikka aylangan bir payti bu. Chunki Quyosh chiqib kelmokda… uni uyg’otmoq uchun!
Konsertdan qaytar ekanmiz, ko’nglimdan kechgan bu hislarni Rohilaga aytolmadim. Shunday ham uning sog’inch o’rtagan ko’nglini buzmoqni istamadim. Balki u ham ayni shu haqda o’ylab borayotgan bo’lsa-chi? Axir sog’inch insonni bir zum ham tark etmaydigan “men”ligi emasmi?
Nima bo’lganda ham Reney va Shyorlidan mamnun edik. Ular bizga sog’inch yukini ko’tarishda ko’maklashayotgan edilar.
Jahongir Mamatov
(Davomi bor).
Filed under: Boshqa dunyo |
Leave a Reply