9. Qarsaklar
O’zbekistonda mashina haydamaganman. To’g’risi bir marta chamasi ikki kilometr masofaga haydagandim. O’shanda Orif degan do’stimning mashinasida Samarqand tumanining Rajabamin qishlog’idan rayon markaziga boradigan yo’lda haydashni mashq qildik.
Katta yo’lda mashinalar ko’p bo’lgani uchun qishloq yo’liga o’tdik. Tuproq ko’chadan changitib ketayotgandim, birdan yozadigan maqolam haqida xayolga tolibman, oniydan mashina yo’ldan chiqib ketdi. Yonginamizda katta soy oqayotgan edi. “Furgon” ag’darilib suvga tushdi. Mashinaning “oyoqlari” osmonda, bizning boshlarimiz pastda, suvning ichida. Ko’zimni yumib olganman. Xuddi suv ostida nafas olmay turgan odamdek raqamlarni sanayapman. 20, 21… 33, 34… 44, 45…
Qandaydir kuch meni mashina ichidan tortqilay boshladi. Shu payt ichimga suv o’ta boshladi. Nafasim qaytdi. Bir payt o’zimga kelsam, bosh ustimda bir qancha odam. Orif ham bor. Rangi uchib ketgan.
-Aytmadimmi, hech narsa bo’lgan emas,-deb baqirdi u sevinganidan.
Mashinaning “baloni” yo’lda yotgan uchli temirdan teshilib, oniydan ag’darilganda shu yerdagi dalada kolxozchilar karam uzayotgan ekanlar.
-Haliyam shukur qiling, suv kamaygan payti…,-dedi kolxozchilardan biri.
Ular mashinani suvdan chiqarib, balonni “zapaska”si bilan almashtirishdi.
Orifning uyi shu Rajabamin qishlog’ining o’zida edi. Uning uyiga kelib, kiyimlarni almashtirib, bir piyola choy ichgandan keyin vahima bosdi. Shu bo’ldiyu qaytib mashina haydashga harakat qilmadim.
Mana endi Amerikada mashina haydashni o’rganmasa hayot yo’q. Dastlab tabrizlik yigitlar bilan mahalla ichida haydab ko’rdik. Bo’lmadi.
“Sergey degan rus yigit bor, bir haftada o’rgatadi”, degan gapni eshitib, uni topdik.
Sergey yosh bo’lsa ham o’zini katta olar va qoidachi ekan:
-Birinchi qoida: haydashni birovning mashinasida o’rganish mumkin emas. Bu yer Amerika. Ikkinchi qoida: mashinaning sug’urtasi bo’lishi shart. Sug’urtasiz yo’lga chiqdingmi, albatta avariya qilasan. Bu Xudoning yozilmagan qonuni. Uchinchi qoida: avval DMV (Imtihon topshirib, hujjat olinadigan idora-JM)ga borib og’zaki imtihondan o’tib kelasan. To’rtinchi qoida: menga naqd pul to’laysan, soatiga sakkiz dollar. Har kuni bir soat o’rgataman va varantiya: bir haftadan keyin DMVning haydash imtihonidan kam deganda 90 ball bilan o’tasan,-dedi u.
“Garantiya” degan so’zni eshitgan edim, ammo “varantiya”sini bilmasdim. Bu chalaroq garantiya degani ekan.
Aytganini qildim. Tinmay imtihon kitobchasidagi savol-javoblarni yodladik va borib topshirdik. Qo’limizga “prava” oldik. Bu “chala prava”. Bu bilan mustaqil ravishda mashina haydash huquqi yo’q, yoningizda ”haqiqiy pravali” bir kishi bo’lsagina siz haydashingiz mumkin.
Sergeydan o’zim o’rganib olib, keyin Rohilaga o’rgataman, degan fikr bilan unga besh kun uchun qirq dollarni oldindan to’ladim. U kechga tomon keldi va mashinamga minib olib, gazeta o’qiy boshladi. Men hayron, qarab turaverdim.
-Bir soat vaqtim bor, uje besh minuti o’tdi,-dedi u.
-Nima qilishim kerak?
-Nima qilmoqchisan o’zi?
-Haydashni o’rganmoqchiman.
-Bo’lmasa nega qarab turibsan, o’tir, hayda!
Sergeyning “chapga”, “o’ngga” degani bilan bir shoh yo’lga chiqib qoldik. Yuzlab mashinalarning orasiga kirdik. Rulni mahkam ushlab olganman. Robotlardek ketayapmiz.
Bir payt Sergey:
-Chapga ol!,- desa, men ham shartta burib yuboribman.
Bu katta trassadan biz kelayotgan shoh yo’lga chiqadigan bir tomonlama yo’l ekan. Qarshimda son-sanoqsiz mashinalar paydo bo’ldi. Yurak tak-puka. Bunday paytda kalima aytishga ham til aylanmas ekan. Vahimada tormozni bosib, “g’iyqillatib” mashinani to’xtatdim.
Sergey:
-Mashinani orqaga bur,-dedi bamaylixotir.
Juda qiyinchilik bilan hali u tomonga, hali bu tomonga haydab, mashinani burib oldim. Boshimdan, yuzlarimdan pishqirib ter oqmoqda.
Mashinani burdimu eshikni ochib, tashqariga chiqdim.
Qarshidan kelganlar to’xtab, kutib turishgan ekan. Mashinani burib olishni nihoyat bajara olganim uchun qarasak chalib yuborishdi. Har holda ular endi o’rganayotganimni bilishgandi.
Men ularning qarsak chalganlariga hayron, Sergey esa xursand׃
-Birinchi sinovdan o’tding,-dedi.
Uning ana shunaqa ancha-buncha sinovlari ortda qoldi va bir haftadan keyin DMVga borib imtihonni topshirib, mashinani “g’izillata” boshladim.
“Qiyin joyi yo’q-ku” deb Rohilaga o’rgatishga kirishdim. Katta yo’lga chiqarkan, “Chapga” dedim. U esa o’ngga burib yubordi. Yo’l bo’m-bo’sh edi. Birdaniga qarshimizdan o’nlab mashinalar cho’molidek bostirib kela boshladi. Bir tomonlama yo’lga kirib qolibmiz. Qizil chiroqda turishgan ekan. Dod-voy, baqir-chaqir bilan mashinani orqaga arang burib oldik. Ulgurmasak o’lgan kunimiz edi.
Oradan besh yil o’tib bu voqeani ruslardan biriga aytib bersam׃
-O’sha yerda bo’lmabmanda, avariya qilish uchun qulay vaziyat paydo bo’lgan ekan,-dedi kulimsirab.
Tushundimki, bunaqa paytda ba’zi “shumtakalar” ataylabdan to’qnashib, bosh-oyog’ini changallab yotib olarkan. Shu yo’l bilan sug’urtani “sog’adi”, dunyoning pulini undiradi. Sug’urta esa maydalab-maydalab sizdan tortadi.
Lekin bu Amerika. Qarmoqni tashlab qo’yib, uzoq bo’lsa ham kutadi. Ko’za kunda emas, kunida sinadi. Baliq suzadi, suzadi, qarmoq ilingan joyini uzadi. Bu Amerikaning qonuni.
Televizorda hozir shunaqalarni ko’rsatish modaga aylangan. Bittasi avariyada “Belim bukilib qoldi” deb ishga bormay, sug’urtadan pulni jaraqlatib olibdi. Poylashsa, uyiga mebel tashimoqda. Videoga olishibdi.
Boshqasini esa, rostmanasiga ko’rinsin, deb do’xtir sog’ joyini kesibdi. Do’xtirning o’zi qarmoqqa ilingani uchun soxta jarrohlik videoga tushib, haligi “shumtaka shofer” ham qo’li kesilib, ham o’zi kesilib ketdi.
Bunday qonunga xilof ishlarni asosan chetdan kelganlar qilishadi. Pul topishning oson yo’li deb o’ylashadi. Lekin qarmoqqa ilinib turganlarini bilishmaydi. “Ilinsam ham o’z yurtimdagi kabi qo’l bilan bitmagan ish pul bilan bitadi, deloni yopib yuboraman” deb o’ylashadi. Bilishmaydiki, bu yerda oraga hatto prezident ham kirolmaydi. Buning ustiga muhojirlar haqida yomon fikr uyg’otishadi va o’z umrlariga zavol bo’lishadi.
Portlandda bir falastinlik yigitning taqdiri haqida gapirib berishdi. Uning qo’lida “Grin kartasi” bo’lib, yilda bir marta AQShga kelib mashinada ko’chalarni aylanib yurarkan. Boyroq, keksa odamni ko’rib qolsa, oldiga o’tib, birdan tormozni bosarkan. Orqa tomondan urgan aybdor. U shu zayl sug’urtadan katta pulni o’marib, yana Falastinga ketarkan.
Bir safar kelganida qimmatbaho mashina mingan bir kishining noto’g’ri joydan burilayotganini ko’rib qolibdi. Gazni bosib uning yonidan “turtibdi”. Shofer mashinasidan yugurib tushib, o’zini jarohat olganga urib yotgan falastinlik yigitni va uning sheriklarini ham otib tashlabdi. Yonidagilar uning otasi, onasi va akasi ekan. Tergov jarayonida ma’lum bo’lsa, u sakkiz marta shunaqa “avariya” qilibdi.
Qonunning ko’zidan qochsa ham Qonuniyning ko’zidan qocholmaydi, degani mana shu.
Bechora, qimmatbaho mashinalarni faqat boylar emas, jinoyatchilar ham minishini bilmaganda!
Darvoqe, faqat jinoyatchi emas, aksar odam qurolini mashinasida olib yuradi. Shuning uchun qoidalarni buzganda buni ham nazarga olish kerak.
O’zimiz yashab turgan joyda bir voqea yuz berdi. Ko’k chiroq ochilib, oldingi mashina sekin jilgan ekan, orqadagi “babillatib” signal beraveribdi. “Toshboqa yurish qilgan” shofer shartta mashinasini to’xtatib, sakrab tushibdida “signalchi”ni otib tashlabdi. Xotini bilan janjallashib kelayotgan ekan, alamini “signalchi”dan olibdi.
Hali alohida bir bobda to’xtaladiganimiz, yo’l qoidalari bilan birga ana shunaqa “qo’ziqorin qoida”larni ham bilish kerak. Amerikada insonning ko’p vaqti mashina bilan bog’liq va shuning uchun ham bu masalada loqayd bo’lsa, “liqillab” qolishi aniq.
Xullas, birinchi mashinamizni eson-omonchilik bilan to’rt oy mindik. Bir necha marta Portlanddan Tinch okeani sohillariga qadar ham borib keldik. Garchi eski bo’lsada yaxshi chiqqani, foyda “tashlab ketgani” bilan hozir kim maslahat so’rasa, “Eskisiga egilma, yangisini ol!” deyman. Buning ham sababi bor.
Jahongir Mamatov
(Davomi bor).
Filed under: Boshqa dunyo | Tagged: Amerika, Jahongir Mamatov, O'zbeklar |
Leave a Reply