“Boshqa dunyo”dan boblar

Oregon,1998 yil

Oregon,1998 yil

10. Yolg’onga ishonish

Oregonda qiziltanli(hindu)lar bilan bog’liq ko’p joylar va afsonalar bor.  Bu shtatda  hammasi bo’lib besh oy yashagan bo’lsakda, deyarli barcha tarixiy joylarini borib ko’rdik.

Shulardan biri Kreyter ko’li. Bu Amerika tarixiga kirgan va federal miqyosda sharafiga tanga pul chop etilgan ko’ldir.

Bir kuni Mehmet bizni shu ko’lga olib bordi. Favqulodda go’zal joy. Ba’zilar bu ko’lni “Insonning yolg’onga ishonishining hujjati” ham deyisharkan.

Gap shundaki, qizil tanlilarning bir qabilasi shu mintaqaga kelib joylashibdi. Ko’lning suvi juda tiniq va osmondagi bulutlarni ko’lning tubiga boqib tomosha qilish mumkin.

Qizil tanlilarning bolalari ko’l bo’yiga kelib, bulutlarga oshiq bo’lib, ko’kda uchgan qushlarni ko’l tubidan ushlayman deb cho’kib ketaverishibdi.

Qabila boshlig’i bu holga chek qo’yish uchun ko’lda qo’rqinchli yaratiqlar borligini aytibdi. Ammo bolalar bunga ishonarmidi?

Shunda qabila boshlig’i yaratiqlar ko’paygani uchun deya bolalarning ko’l tomonga borishini mutloq ta’qiqlabdi.

Agar biror bola qochib o’sha tomonga o’tsa, u yerga qo’yilgan qorovul o’sha bolani suvga cho’ktirarkan. Asta-sekin kattalar ham ko’ldan qo’rqib, o’sha tomonga bormaydigan bo’lishibdi.

-Biz har hafta oxiri shu yerga kelamiz. Ba’zan qizcham bilan ko’lda cho’milamiz ham,-dedi Mehmet.-Lekin olti yil davomida bu yerda bitta ham qiziltanlini ko’rmadim. Bu ko’lning “odamxo’rligi” haqidagi ishonch ularning nafaqat qonlariga, balki ruhlariga ham singib ketgan. Maktablarda maxsus darslar o’tilgani, ilmiy ommabop filmlar qilingani, tushuntirishlar olib borilgani bilan farqi yo’q, ular bu yerga kelishmaydi.

Darhaqiqat, azaldan kimlarnidir ishontirish uchun mo’jizalar to’qishgan. Aslida hech kim o’sha mo’jizani ko’rmagan. Lekin aytilaverib, aytilaverib yolg’on haqiqatni ham kemirib, uning o’rniga chiqib olgan.

Kim biladi, balki odamzot tuzilishidan yolg’onga yonbosardir? Ba’zan bir narsaning yolg’onligini bila turib ham unga ishonadi inson. Chunki o’sha narsa yo unga yoqadi yoki uni xursand qiladi.

Balki shuning uchunmikan, Amerikada yolg’onlar ko’p. Dunyoning qaerida insonning og’zini lang ochadigan bir mo’jiza bo’lsa, nusxasini Amerikada yaratishgan. Ayni paytda dunyoning buyuk kashfiyotlariga ham qo’l urishganki Yer kurrasining qaeriga bormang, Amerikadagi haqiqatning yolg’onini ko’rishingiz mumkin.

Boshqa joyning haqiqatini esa aslidan ham mukammalroq qilib olishadi. Amerika ko’chalariga qarasangiz asosan Uzoq Sharq va Avropa mamlakatlarining mashinalarini ko’rasiz. Xorijiy mashinalarga juda qattiq talablar qo’yilgan va ular Amerika bozoriga kirishi uchun bu talablarga javob berishlari kerak.

Masalan, Amerikadagi eng yaxshi mashinalar “Mersedes Benz”, “BMV”, “Toyota”… Oldingi ikkitasi o’ta qimmat. “Toyota”ning hamma qatlamlarga yarasha mashinalari bor. Bozorning asosiy qismini egallagan. Minsangiz 300 ming kilometrgacha “g’ing” demay ketaveradi. Ammo Amerikaning o’ziga oid mashinalari 100 ming kilometrdan keyin “inqillab” qoladi.

Portland shahrini “Kichkina Rossiya” ham deb atashadi.

Ruslar bor joyda qoidabuzarlik, qonunlarni pisand qilmaslik va yolg’on avjiga chiqadi. Ular Rossiyani qay ahvolga tushirgan bo’lsalar, bu y+erda ham qaerda yashasalar o’sha yerda “hunar”” ko’rsatadilar va kichik Rossiyaga aylantiradilar. Yo o’ta vahshiy yoki o’ta ahmoqona jinoyatlar qiladilar.

Bir kuni yo’l mirshabi soatiga 190 km tezlikda kelayotgan yengil mashinani to’xtatibdi.

Rulda Stanislav Bakanov degan “baran”…

U mashinani qancha tezlikda haydab kelayotganini videoga ham olayotgan ekan.

-Nega videoga olayapsan?-deb so’rashsa u:

-Yutub(Youtube)ga qo’ymoqchiman,- debdi.

Video tasmani qarab ko’rishsa,  u o’zining hatto soatiga 225 km tezlikda haydaganini ham suratga olgan ekan.

Oregonda katta tezlik soatiga ko’pi bilan 104 kilometr. Urus-da… o’zining kelajagini mahv etibdi.

Buni saboq bo’lsin, deya Amerikaga yaqindagina kelgan yigitlardan biriga aytib bersam u:

-Ahmoq urus ekan-ku?-dedi.

Bundan xursand bo’ldim. Demak, biz uruslarga o’xshamaymiz, aqllimiz, bunday ahmoqona harakatlarga to’g’ri baho bera olamiz. Bir zum shunday o’ylarga toldim. Haligi yigit esa so’zini davom qildi:

-Montana shtatiga bormaydimi? Shundaygina yonginasida…

-Montanada nima qiladi?

-U yerda tezlik chegaralanmagan…

Bunga e’tibor qilmagan ekanman, bir oy oldin kelgan yigit buni bilarkan.  Ana buni tezlik desa bo’ladi. Demak, urusdan o’tib ketibmiz…

Avgust oyining ilk kuni Vashingtonga qarab yo’l oldik.  Hali Oregon haqida hikoyalar ko’p va ularga qaytamiz. Hozir gap mashina masalasiga qadalgani uchun vaqt soatini keyinroqqa surdik.

Bir kun oqshom afg’onistonlik o’zbeklardan Abdulmannon Keskin degan yaxshi odam bir jiyanining minibusini haydab keldi. “Toyota”…

-Ming dollar,-dedi u.

“Ozodlik” radiosida shtatsiz muxbir sifatida ishlayotgandim. Azizulloh Orol 3-4 oylik qalam haqini to’plab, jo’natib yubordi. Boy bo’lib qoldik. Qo’limdagi ming dollarni sanamasdan Abdulmannon akaga berdim. U pulni olib, sanadida  100 dolarini qaytardi va׃

-Savdolashish kerak edi!-dedi.

Keyinchalik Amerikada yashashning ko’p qoidalarini shu odamdan o’rgandim. Bizga uch oyga joy bergan Mansurbek ismli qrim turklaridan bo’lgan yaxshi insondan ham ko’p qoidalarni bilib oldik.

Ikkinchi mashina ko’p narsaga o’rgatib, ko’zimni “lang” ochib qo’ydi. Qurg’ur “Toyota” shunchalik eskirgan ekanki, ertalab ikki cheti nurab to’kilganni ko’rib hayratda qoldim. Kilometriga qarasam  besh yuz mingga yetib qolibdi.

Birinchi kun haydab chiqishimiz bilan suvi qaynab, otilib ketdi. Vahimaga tushib qoldik. Bunday paytda amerikaliklar darhol yordam uchun to’xtaydilar. Mashinani tuzatib, radiatoriga suv quyib berishdi. Uyga keldik.

Ikkinchi kuni bir joyga borib qaytayotsak, yomg’ir quyib qoldi. Qarasak, mashinaning tomidan suv chakillab oqmoqda. Xayriyatki, shamsiyamiz bor ekan. Ishoning ishonmang mashinaning ichida zontik bilan o’tirganmiz.

Uchinchi kuni oynani tozalaydigan “qo’lchalar” ishlamay qoldi… Ikki tomondan ip bilan bog’lab, hali u tomonga, hali bu tomonga yurg’izib arang uyga yetib oldik.

Xullas, hayotni eski mashina bilan boshlab, yangi mashina bilan davom ettirish  kerak degan xulosaga keldim.

Amallab “Toyota”ni o’sha kezda endi ochilgan “Hunday”(Hyundai) dillershipiga olib keldik.

-Bir pulga qimmat, mashinalar qabristoniga olib borib tashla,-deyishdi.

Lekin uning ham “tobutkashi” va “go’rkovi”ga pul to’lash kerak ekan. Undan ko’ra shularning o’ziga “bir pul”ga berib yubordik.

Keyin bitta yangi mashinani “tekinga” sotishdi. Savdolashmasdan oldik. Chunki xursand edik, mashinani bir tiyin ham to’lamasdan oldikda…

Ammo tekin degani yolg’on deganini, aytilgan narx qo’lingizga berilgan qog’ozlardagidan farq qilishini bilmasdik.

Oyoqning ostida yangi mashina turganda kim uning qog’ozlarini injalab tekshiradi?  Shuni bilishadi-da!

Boshqacha aytganda, Amerikada eng ko’p ishlatiladigan ”Tekin” degan yolg’onning hujjatlarini hurmat-ehtirom bilan qo’limizga tutqazishganini o’shanda ilk bor ko’rdik.

Jahongir Mamatov

(Davomi bor).

Leave a Reply

Please log in using one of these methods to post your comment:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out /  Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out /  Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: