Oregonda qish va bahordan chiqdingizmi, kuzga tutilasiz, degan gap bor. Bu degani yilning qariyb hamma vaqti yog’ingarchilik bor va yoz juda qisqa degani. Shuning uchunmikan, yoz “odim otdimi” aksariyat odam dam olish kunlari yo parklarga chiqadi yo Tinch okeani sohiliga qarab yo’l soladi. Quyoshli kunlarning birida Bivertondagi markaziy parkka chiqdik. AQShning boshqa joylarida bo’lganidek, bu yerda ham “stol-stul”lar o’rnatib qo’yilgan. Yonginasida esa qo’ra. Bittasida uyda “marinovat” qilib kelingan qo’y go’shti va tovuq oyoqchalarini jizillatayotgandik, novcha bir kishi kelib qoldi׃
-Assalomu alaykum, o’zbek ekansiz, Xudoyimdan aylanay,-dedi.-Sakkiz yildan beri o’zbekni uchratmagandim.
U tinmasdan gapirardi. Eng qizig’i u adabiy tilda xuddi diktorlardek, nutq irod qilgandek so’zlardi. Birov yozib bergan va u o’qimoqda, deb o’ylardingiz.
Ismi Mahmud, o’zi Chinozdan ekan. Ko’rinishidan o’ttizlardan oshib qolgan.
Bir zumda borib mashinasidan umr yo’ldoshi va uch farzandini ham boshlab keldi. Mashinasi qimmatbaho-“Mersedes”. Amerikada bunga etish oson emas. Avropadan olib kelishgani uchun bahosi osmonda. Buning ustiga qo’shimcha soliq ham olishadi -yiliga bitta oddiy mashinaning pulini to’lab turasiz. “Mersedes” minganlarning dimog’i baland bo’ladi, ammo bu yigit juda kamtar ekan. Qo’limdan otashkurakni olib “Mana bunaqa qilib pishiradilar” degandek ishga kirishib ketdi. Qo’li ishda, tili tinim bilmaydi.
Farzandlarining ikkitasi Amerikada tug’ilibdi. Umr yo’ldoshi Nazokat ham o’zi kabi ochiqqina, suhbatga va ishga kirishib ketadigan ekan.
-Biz qo’shni Vashington shtatida yashaymiz. Asalari boqamiz. Havo isidimi, shu tomonlarga jo’natamiz. “Cho’ponimiz” bor. U katta mashinada olib keladi va keyin biz xabar olib turamiz. Hozir o’sha tomonga yo’ldan o’tib ketayotgan edik, parkni ko’rib bir necha daqiqaga to’xtadik,-dedi u sevina-sevina gapirarkan.
U shunday ham hayajonlanib ketayotgan ediki, ikki gapning birida ”Xudoyimga rahmat” derdi.
-Uzoqdan o’zbek so’zlarini eshitib qoldim. Ancha vaqt o’zimga ishonmay eshitib turdim. Keyin yaqinlashdim,-dedi u.-Biz Sovet Ittifoqi qulashi bilan chiqib ketganlardanmiz. O’zbekistonda Deizmchi bo’lib tanilgandim. Gazetaga ham “urishgan”.
-Nima, ateizm dedingizmi?
-E, yo’q, ateistlar Xudoga ishonishmaydi. Biz esa Xudoga juda qattiq ishonamiz. Deizm degan oqim bor.
Eshitmagan ekanman. Elkamni qisib qo’ydim. Balki nasroniylikning bir turidir, deb o’yladim.
-O’shanda Angliyadan bir oila bilan tanishib qoldik. Ular bizga ko’maklashdi va bitta farzandimiz bilan O’zbekistondan chiqib ketdik. Bo’lmasa toshbo’ron qilishlariga oz qolgan. Johil dindorlar uyimizga o’t qo’yib yubormoqchi bo’lishgan. Bo’kadagi voqealarni eshitib, yana ham qo’rqib qoldik. Angliyaga ketdik va u yerdan Amerikaga keldik. Xudoga ming marta shukur, tinchmiz, ota-onalarimizni ham olib kelganmiz.
-Deizm deganingiz dinga qarshimi? Nega toshbo’ron qilishmoqchi bo’lishgan?,-qiziqib so’rayman. Chunki o’sha paytlarda fikr erkinligi uchun ta’qib qilishganini eshitmagan edim.
-Bilasizmi, Suqrotu Hakimdan Umar Xayyomgacha, Volterdan Tomas Jefersonga, Platondan Senekaga, Lomonosovdan Eyneshteyngacha juda ko’p zukkolar va teran fikr sohiblari o’zlarini Deizm mansubi deb bilganlar. Buni yashirmaganlar, aksincha bu borada ancha-muncha ilmiy talqinlar qoldirganlar. Men o’zim dars bergan maktabda shu haqda gapirib baloga qolganman.
Xayollarim ming ko’chaga kirib chiqadi. Shuncha mashhur odamlar a’zo bo’lsayu nahotki eshitmay qolgan bo’lsam? Darvoqe, bilganlarimizdan bilmaganlarimiz ko’proq. Bunga Amerikaga kelib ming qarra ishonch hosil qildim.
-Deizm din emas, uni filosofik oqim deyish mumkin. Lekin bugunga kelib dunyo ahlining yarmidan ko’pini qo’rqmasdan shu oqim mansubi deya olaman. Albatta, ularning o’zlari buni rad etadilar, ammo kundalik hayotlari buni tan oladi.
Ajablanishimni ko’rib menga tushuntira ketdi׃
-Mana siz ham shu oqimga mansub. Ammo buni ayta olmaysiz. Lekin bu fakt!
Endi undan ranjiy boshladim. Hali tanishganimizga yarim soat bo’lgan emas, qanday qilib kimning kimligi haqida xulosa chiqaradi?
Avzoyim buzilganini ko’rib, Mahmudjon jilmaydi va׃
-Bu oqim tarafdorlari har bir inson kuchlilarning kuchlisi bo’lgan Yaratuvchi tomonidan yaratilgan, unga o’zini o’zi boshqarish ma’suliyati berilgan, u aqli va idrokini ishga solib haqiqatga ishonadi, deyishadi.
-Motrudiy falasafasiku bu?
-Farqi bor. Motrudiyning falsafasi islom ichida. Lekin Deizm boshqa. Deizmda Xudoning nomini istasangiz Olloh, Alloh, Tangri, God, Bog… deysizmi, farqi yo’q. Shunday kuch bor va unga ishonasiz. Bu qudratli kuchni uning o’zi bergan aql, qalb, tafakkur, yurak bilan tan olasiz, sevasiz va unga sig’inasiz. Buni insonga berilgan eng buyuk ozodlik, erkinlikdir.
-Ular Xudonigina tan oluvchilar ekan-da?,-deyman uni xafa qilib qo’ymaslik uchun “siz” o’rniga “ular” so’zini ishlatib.
-Ha, bizni Tangri tarafdorlari deyish ham mumkin. Tangrichilar, xudoparastlar ham deyishingiz mumkin. Biz buyuk Tangri bilan birgamiz!
-Namoz ham qilasizlarmi?
-Namoz degani Xudoga sig’inish deganimi? Biz ertalab uyg’onganda ham, nonushtadan oldin, tushlikdan oldin, kechki ovqatdan oldin, uxlashdan oldin, yo’lga chiqishdan oldin, xullas, yurgan yo’limizda Xudoga sig’inamiz, unga shukr aytamiz, yaxshiliklarini kam qilmaslikni so’raymiz, duo o’qiymiz. Uning marhamati bilan odamlarga yaxshilik qilish choralarini qidiramiz.
-Duoni qaysi tilda o’qiysiz?- deb qiziqib so’rayman undan.
-O’zimning ona tilimda. O’zbekcha o’qiyman. Meni Yaratgan zot meni tushunadi.
Lekin men uni tushunmayotgan edim. U ham buni angalayotgani uchun jon kuydirib gapirardi׃
-Deizm kalimasi lotincha Xudo so’zidan kelib chiqqan. Bilasiz, teizm va ateizm bor. Ateistlar hali aytganimdek, Xudoga ishonmaydilar. Bulardan tashqari “shubhachilar” ham bor. Bahoiy deganlari bor. Oliy ruhga ishonuvchilar ham bor.
-Sizlarning machitlaringiz ham bormi?
-Kimlardir qandaydir markazlar tuzgan, lekin men qo’shilmaganman. Menga o’xshaganlar ko’pchilik. Deizm degani Xudo bilan yakkama-yakka qolishdir. Inson butun vujudi, butun borlig’ini Xudoga bag’ishlashidir. Buni odamlarga ko’z-ko’z qilish shart emas, buning uchun maxsus to’planish ham shart emas. Men Deizmni Xudoning o’ziga ishonish, uning o’zi bilangina do’st bo’lish, uning o’zigagina bo’ysunish va uning yo’lidangina yurish, deb bilaman. Borovlarga qo’shildingizmi, ularning yo’lidan yurasiz yoki sizni boshqarishga urinadilar. Men esa mustaqilman, faqat Xudoga, Xudoning o’zigagina tobeman.
-To’y-ma’raka degan gaplar bor?
-An’analar o’z yo’liga davom etaveradi. Istagan joyda to’yxonaga kiring. U yerda duolar o’qiladi. Har ikki gapning birida Xudoning nomi tilga olinadi va ortidan “yuzta-yuzta” boshlanadi. Odamlar Xudoga ishonadilar, lekin boshqa ahkomlarni rad etadilar. Bu ochiqchasiga so’z bilan emas, balki harakat bilan.
Mahmudjon bir zum tin oldida xuddi studentlarga gapirayotgan domladek barmoqlarini goh bigiz qilib, goh “qisirlatib”, goh qo’llarini bir-biriga ishqab davom etdi׃.
-Bilasiz, keyingi asrlarda alchoqlar, omadsizlar, qo’lidan bir ish kelmaydiganlar, qo’rqoqlar, o’g’ri muttaham va qalloblar bir dumalab mulla, otinoyi yoki ruhoniyga aylandilar va dinga egalik qila boshladilar. Buni ko’rib turgan odamlar ichlarida ulardan nafrat qiladilar, lekin ochiq gapirolmaydilar. Qo’rqadilar. Ularning ichiga qo’rquv solingan. Ular aytadigan “osmono’par” gaplarga ishonmaydilar, ularning so’zi boshqa, ishi boshqaligini ko’rib, dinga ishonmaslik instinkti paydo bo’ladi. Nasroniy cherkovlaridagi xunuk voqealar, yahudiylarning o’z orasidagi keskin vaziyatlar, musulmonchilikdagi bugungi holat ham odamlarni dinlardan uzoqlashtirmoqda. Shu darajaga keldiki, bitta dinga kirgan odam shu zahoti boshqa din mansubiga nafrat tuyadigan bo’ldi, avtomatik ravishda boshqa din mansubining dushmaniga aylanadigan bo’ldi. Bu esa odamlarning hamma teng huquqli, hammaning Yaratuvchisi bir va hech kim hech kimdan ustun emas, deguvchi Deizmni kuchlantirmoqda. Tangri tarafdorlari besh vaqt namoz qilmaydilar, ammo Xudoga ishonadilar. Cherkovga qatnamaydilar, lekin Xudoni tildan qo’ymaydilar. Senagogga bormaydilar, ammo Xudo uchun qurbonlik qiladilar. Hajga bormaydilar, ammo duolarini, zakotlarini kanda qilmaydilar. Machitga bormaydilar, ammo o’lim marosimlarini ana’analar talabi asosida o’tkazadilar.
-Demak, sizlarda kelib chiqishi barcha dinlardan bo’lgan odamlar bor. Ya’ni Xudoga ishonib, lekin amallarni bajarishmaydi?
-Amallar va an’analar bor. Ularni ajratish kerak. Inkor etilmaydigan narsalar bor. Dunyo ahlining aksariy qismida hayot tarziga aylangan narsalar bor. Lekin keyingi asrlarda fan va texnologiya keskin rivojlanib ketishi ana shu hayot tarzini o’zgartirayotgani ham bor gap. Shuning uchun ham “Deizm keskin tarzda rivojlana boshladi va ajabmaski, bir necha asrlardan keyin yirik dinga aylanishi mumkin” deguvchilar ham bor. Shuningdek, Deizm tarafadorlari orasida hozir ham bu filosofik oqimni din deb atayotganlari topiladi. Ba’zilar esa, barcha dinlarni rad etgan holda Deizmgina insonlarni manipulyatsiya qilishdan qutqaradi va ularga Xudogagina ishonishlari uchun yo’l ochadi deydilar. Ayrim ilgaridan turli dinlarga mansub bo’lganlar Xudoni tanishda, tan olishda, unga ibodat qilishda o’zlari kelib chiqishlari bilan mansub bo’lgan din doirasida amal qilishlari mumkinligini aytadilar. Xudo bandalarini yaratgan va erklarini shaxsan ularning o’ziga bergan. Asosiy gap mana shu.
-Sizlar kitobiy dinlarga va payg’ambarlarga qanday qaraysizlar?
-Bir guruh borki, hammasini rad etadi. Lekin biz uch dinga ishonganlarni ham hurmat qilamiz, payg’ambarlarni alohida hurmat qilamiz, bu Deizmning insonning boshqa insonni hurmat qilishi shartligi qoidasiga mos tushadi.
-O’qib ko’rish kerak ekan…
-Aka, davrimiz fan va texnologiya davri, dinlarga egalik qilishni o’z qo’liga olayotgan chalasavodlar safi kengayib bormoqda. Shunday ekan, Deizm ham kengayib boraveradi. Aqlli odamlar o’z tafakkurlarining jilovini o’zlaridan aqlsiz bo’lganlarning qo’liga tutqazmaydilar…
Uning bu gaplaridan keyin dilimdan mavjud ilohiy dinlarda bugun aqlli yo’lboshchilarga, zamonni rad etmaydigan oqillarga ehtiyoj juda katta degan fikr kechdi.
O’sha kun ko’p gaplashdik. Oradan ko’p o’tmay u oilasi bilan kelib, bizni Tinch okeani sohiliga olib bordi. O’zi bilan qo’ra ham olib kelgan ekan. Shashlikni pishirib o’rtaga olganimizdan keyin u׃
-Aka bir duo qiling, boshlaylik,- dedi.
Men “Bismillohir rahmonir rahiym” dedim. Keyin u ham ayni kalimani takrorladida qo’shimcha qildi׃
-Yo Rabbim, bergan rizqingga shukur, butun dunyoning va butun mavjudotning mutlaq hokimisan! Senga hamdu sanolar bo’lsin! O’zing bandalaringni xor etma, ofatlardan, balolardan asragin! Zulmat ostidagi vatanimizga ozodlik yo’lla, odamlarga ro’shnolik ber, insof ber, omad ber!
Uning hamma aytganlarini, tabiiyki, eslab qololmadim. Eslaganim qadar yozdim. Uni tablig’chi va Deizmga a’zo bo’lishga undovchi shaxs deb o’yladim. Yo’llar va yillar bizni ayro tushirdi. U oniydan “lip” etgan sho”ladek bir paydo bo’lib, keyin g’oyib bo’ldi. Qaerda bo’lsa ham omon bo’lsin, boshqa bir dunyoning suvratini chizib ketdi.
Jahongir Mamatov
(Davomi bor).
Filed under: Boshqa dunyo | Tagged: Америка, Jahongir Mamatov, O'zbeklar |
Leave a Reply