Boshqa dunyo

mashinalar12.Mashina savdosi

“Birinchi mashinam” bo’limida “Hunday” (Hyundai) voqeasiga kelib qolgandik. Davom etamiz.

Bunday mashinalarni Amerikada sotadigan dillership yangi ochilgani uchun kredit tarixi(xarid va to’lov tarixi)ga qaramasdan  qarzga berdi. Ikki yilga foyizdan ozod ham qilishdi.

Qarzga oldik… qani endi uyqu kelsa? Eng yomon ko’rganim qarzdor bo’lish. Buning ustiga uni maydalab to’laguncha qiymati qirqta qirdan oshib ketadi. Foyiz oladida. Shuning uchun “Yemaymiz, ichmaymiz, qarzdan qutulamiz” shiorini ishga soldim. Qisqa vaqtda mashina o’zimizniki bo’ldi qoldi.

Lekin olti kishilik oila bitta mashina bilan  hech narsaga ulgurmas ekan. Biz turgan joyda avtobuslar yurmaydi. Avtobus yuradigan yo’lga qadar 2-3 kilometr. Umuman Amerikada topgan pulingizning anchagina qismini mashina “yeydi”. Sug’urtasi ham “falakda”. Markaziy shaharlarda jamoat transporti bor. Ammo  sharoit yaxshi emas.  Sharoiti tuzukroq joyga bordingizmi, mashinangiz bo’lmasa hayot yo’q. Bir umr mashinaga pul to’laysiz.

Bir kun biz ijarada turgan uyning sohibi o’zi mashina tuzatadigan korxonada “Volga”ga o’xshagan “Kraysler”(Crysler, New Yorker, Limited edition)ni sotmoqchi ekanini aytib qoldi. Bordik. Juda go’zal mashina ekan.  Hamma joyi temirdan. Baquvvat. Minib ko’rdik. Xuddi Kaspiy dengizida suzadigan parom kabi yumshoq yuradi va tovushi eshitilmaydi. Lekin olti silindrli bo’lgani uchun benzinni ko’proq yer ekan.

Savdolashib-savdolashib arzonga oldik. Ko’p minilmagan. Yaxshi mashina chiqdi. Rosa “quvdik”. Xuddi otga o’xshardi. Turgan joyidan sakrab ketgan kabi harakat qilardi.

Keyinchalik ham bu mashinani hech sotgim kelmadi. Olamdan o’tgan bir do’stimning o’g’li kelganda unga hadya qilib, berib yubordim, boshqa shtatga minib ketdi…

Radioda doimiy ishga qabul qilinganimdan keyin yangi mashina olish zarurati tug’ildi. Uydan radiogacha 50 kilometr. Sahar soat to’rtda turib, ishga borish kerak. Qish kunlari eski mashinaga “ishonib” bo’lmaydi. Dillershiplarni aylandim. To’rt silindrli mashinalarni minsam, xuddi traktorga o’xshagan ovoz chiqargandek tuyulaverdi. O’shanda oldingi mashina egasining bir gapini esladim:

-Bir marta olti yoki sakkiz silindrli mashina mindingizmi, tamom to’rttaligini unutasiz,-degandi u.

O’sha kezlari Amerikada “Toyota”ning “Kemri” (Camry) markali mashinasi og’izga tushgandi. Borib gaplashib ko’rsam,  olti tsilindrlisi 27 ming dollar turar ekan.

Qishlog’imizdagi Yodgor boboning savdolashishi yodimga tushdi. Bozorda uni ko’rib qolib, “Telpak olib bering” desak, 75 so’mlik  narsani “20 so’mga ber” deb boshlagandi gapni. Men buncha pasaytirishga o’zimda kuch topmadim.

-21 mingga bersang olaman,-dedim.

Nega 21 ming dedim o’zim ham bilmayman. Sotuvchi u dedi, bu dedi, lekin aytganimda turib oldim. Nihoyat qog’ozlarni to’ldirdi, u yoqqa bordi, bu yoqqa keldi, u bilan gaplashdi, bu bilan gaplashdi. Rozi bo’lmadi.

-25 ming, oxirgi narx shu,-dedi.

Buncha pulni qanday to’layman? Vahimasi ham bor. Radiodan maosh olayotganim bilan uyga ham ko’z tikkanman. Umr yo’ldoshim ham ishlamoqda. Lekin xarajatlarimiz ham ko’p.

Xullas׃

-Bersang shu, bermasang berma,- deb turib oldim. Bermadi. Dillershipdan chiqib ketayotgan edim, boshlig’i chaqirib qoldi.

-Qayoqqa ketayasan?-dedi u.

-Tayson Korner (Tyson Corner)ga, u yerdagi “Toyota” arzonroq beraman, deb aytgandi.

-Arzonrog’i qancha ekan?

-21 ming…

-Bo’lmagan gap, u yerda mening bir odamim ishlaydi, kerak bo’lsa hozir telefon qilib bilib olamiz…

Indamay ketaverdim, u orqadan kelib׃

-Mayli, senga beraman shu mashinani,- deb qoldi.

Moliya bo’limiga olib kirib, bir pachka qog’ozlarga qo’l qo’ydirib, mashinaning yog’larini yuvib-yaltiratib, bizni mindirib jo’natdi.

Uyga kelib, qog’ozlarni birma-bir qarasam mashinaning narxi 27 ming dollarga yetibdi. Jahlim chiqib ketdi. Qanday qilib o’qimasdan qo’l qo’ydim?

Darhol orqaga qaytib keldimda, “Mashina o’zingga buyursin” degandek haligi odamning oldiga kalitlarni tashladim.

U odam dillershipning eng kattasi ekan, atrofiga o’rinbosarlari to’planishdi.

-Nima gap?- dedi u.

-Biz qanchaga kelishgan edik?-dedim.

-21 ming,- dedi u.

-Ha, 21 ming, hamma narsasi ichida, degandim.

-To’g’ri,-dedi u.

-Lekin bu nima?

U qog’ozlarni qarab chiqdi-da:

-Soliqni ham senga yozib yuboribdi. Bu noto’g’ri. Soliqni men to’lamoqchi edim. Mana bu narsalarni esa o’zing olgansan. Mana qo’l qo’yibsan. Bular turli sug’urtalar, buni moliya bo’limi o’zi sotadi,-dedi.

Men unga qog’ozlarni o’qimaganimni va o’qishga fursat ham berishmaganini aytdim. U  moliya bo’limiga boshlab bordi. U yerdagi hisobchini ozgina koyidi. U qog’ozlarni yirtib tashladida, hammasini qaytadan yozishga boshladi. Bu orada boshliq qaytib kelib:

-Ertaga mashinani olib kel, bepul signalizatsiya qo’yib beraman, mendan hadya,-dedi.

Rahmat aytdim. Tushundimki, ulardan ham xato o’tgan. Keyin uyga kelib qarasam, o’sha signalizatsiya degan narsasi 500 dollar turar ekan.

Lekin u shu 500 dollar bilan diqqatimni ham sotib olgan ekan. Kallamda doim “Shular yaxshi odam” degan fikr aylanaverdi. Hammaga ularni maqtardim. O’zim ham ulardan bolalar uchun yana  uchta mashina oldim. Bittasi “Matriks” (Matrix) va ikkitasi “Korolla (Corolla). Lekin bu mashinalarni olganda ham mahkam savdolashdim.

Har biridan yozib qo’yilgan narxidan 3-4 ming dollardan tushirib berishgan. Savdolashish kerak. Pul sizniki. Istasangiz olasiz, istamasangiz boshqa joydan olasiz.

“Matriks”ni ikkinchi qizim uchun olgandim. U ham kasalxonada ishlab, ham tibbiyot oliygohida o’qiyotgan edi. Rohilaxon bilan borib, mashinani savdo qildik. O’zim qo’ygan narxdan tepaga chiqmay turaverdim. Sotuvchi mashinani ham bermaydi, bizni ketishga ham qo’ymaydi. Oxiri, yalina boshladi׃

-Hech bo’lmasa bir dollar qo’shgin, men senga bir yillik servisni bepul qilib beraman,-dedi.

-Bir dollar emas, ikki dollar qo’shaman, lekin buning nima qizig’i bor, sen axir o’rniga qariyb ming dollarlik xizmatni bepulga bermoqchisan,-dedim.

Sababini aytmadi. Keyin bilsam ularning ichki musobaqasi bor ekan. Biz o’sha musobaqaning oxirgi kuni boribmiz va bu dillership ko’p sotishda sal orqada qolayotgan ekan. Agar yutib chiqsa, zavodning bir million dollarlik mukofotini olarkan. Lekin mashinani arzonga sotmasligi kerak. “Bir dollar qo’sh” deb  yalingani shundan ekan. Servis esa o’zlarining biznesi. Istaganicha berishi mumkin.

Darvoqe, ta’til uchun mashina olganim ham qiziq bo’lgan. Har yozda bolalarni olib, Floridaga borishga qaror qildik. U tomonda okean ham boshqacha. Qolaversa, dunyoning zamonaviy mo’jizasi “Disney Vorld” (Disney World) bog’lari, o’yingohlari, parklari bor. Bizdan 14-15 soatlik yo’l. Ammo bir nechamizda haydovchi guvohnomasi bo’lgani uchun doim o’n-o’n ikki soatda yetib olamiz.

Xullas, o’shanda yetti kishi minadigan minibus sotib olmoqchi bo’ldim. Bir joyga borsam,  bir yilgina minilgan “Ford-Vindstar” (Ford-Windstar) markali mashinani 14 ming dollarga sotayotganini ko’rib qoldik. Yangisi 30 ming atrofida. Ammo bu undan qolishmaydi. Yangi mashinalar sotiladigan joyda turibdi. Demak, kimdir almashtirgan. Yoniga borib, atrofini aylanib tursak bir yigit keldi. Gaplashdik. Afg’onistonlik ekan. Mashinani maqtay boshladi.

Shunaqa maqtardiki, topgan so’zlariga hayron qolardingiz.

-Shuncha foyda keltiradigan bo’lsa o’zing sotib olmaysanmi,-dedim hazillashib unga.

U jilmaydida׃

-Men bu yerda sotganimdan haq olib ishlayman, Afandi ham molini maqtaydi,-dedi.

Gapimiz Nasriddin Afandiga o’tib ketdi. Ancha gaplashdik va men ham ishni afandichasiga qilib, narxni qoq belidan kesdim.

-Mana chek, xo’p desang hozir yozib beraman va olib ketaman mashinani,-dedim.

U ko’nmadi va hatto 13 mingga ham berolmasligini aytdi. Boshlig’i qo’ygan narxidan tushmaydigan odam ekan. Bo’lmasa bo’lmasin, deb qaytayotgandik, afg’on yigit׃

-Siz uchun boshlig’im bilan gaplashdim, besh yuz tusharkan,  sizga katta yordam qildim,-deb bir narsalarni ayta boshladi.

Shu payt tashqaridan bo’yinlariga qatorlashtirib oltin zanjirlar osib olgan bir qora tanli boyvachcha kelib qoldi. Bu ularning asl boshlig’i ekan. Bilmay uning yo’lini to’sib turgan ekanman.

-Nima gap?-dedi afg’on yigitga. U egilib-bukilib bo’lgan voqeani aytib berdi.

-Bunaqa xaridorlar bilan gaplashma, ular baribir olishmaydi, oladigan odam ma’lum bo’ladi,-dedi u.

Uning bunday muomalasi mutloq kutilmagan hol edi. Jahlim chiqdi׃

-Unday dema!-dedimda eshik tomonga qadam tashladim.

-Nima deyishim kerak, okosi! Hozir aytgan narxingga bersam ham olmaysan, bekorga vaqtimni o’ldirma!-dedi u gap ohangini yumshatmay.

-Nega olmas ekanman? Sen qayoqdan bilasan!

Qora tanli savdogarning jahli chiqa boshladi׃

-Ol, berdim! -dedi.

Shartta cho’ntagimdan chekni chiqardimda yoza boshladim.

-Hey… hey..,-deb qoldi u. Qarasam qizarib ketibdi, atrofda hammaning ko’zi unda. Kamida o’n-o’n besh kishi bizni kuzatib turgan ekan. So’zidan qaytolmadi.

-Pulni men olmayman, buxgalteriya oladi,-dedi-da, biroz uzoqlashdi.

Keyin orqaga qaytib qo’lini uzatdida׃

-Ammo meni yomon tushirding, haloling bo’lsin,-dedi.

Haqiqatdan halol bo’ldi. Yaxshi mashina chiqdi. Amerikani rosa aylandik u mashinada. Besh yil minib, sakkiz ming narx qo’yib, keyin o’zimga o’xshagan savdo qiladigan bittasiga “Halol bo’lsin” deb to’rt mingga berib yubordim.

Nihoyat, uzoq vaqt miniladigan mashina olmoqchi bo’ldim. Surishtirsam, “Mersedes Bens” (Mersedes Benz) va “BMV” (BMW)ning sport (SUV-sport utility car) mashinalari ishonchli va uzoq “yashaydigan” hisoblanarkan.

Jiyanim mashina mutaxassisi. U:

-”BMV” yoshlar uchun yaxshi. Quvib yurib minadigan mashina. Sizga esa haydaganda quvsangiz hamma ajablanib qaraydigan  “Mersedes” kerak,-dedi.

-Nega hamma ajablanadi?

-Chunki bunaqa mashinani o’zini bosib olgan odamlar minadi. Qoidalarni buzmay, vazbinlik bilan miniladigan mashina. Keksaygan paytda politsiyaning qo’liga tushib, jarima to’lab yurish kayfiyatni buzadi…

Xullas, uning falsafasi ma’qul keldi. Lekin mashina qimmat ekan.

-Buning puliga boshqasidan ikkita beradiku?-dedim.

-Keksalik gashtini surmoqchi bo’lsangiz olavering, uzoqqa borsangiz belni og’ritmaydi, haydab charchamaysiz, aksincha huzur qilasiz. Keyin bu mashinani ancha vaqt minishingiz mumkin.

Darvoqe, xuddi shunday gapni bundan o’n yil oldin AQShda yashaydigan Ro’zi Nazar degan odamdan ham eshitgan edim. Uning  ”Mersedesi” bo’lib:

-Buni minayotganimga 20 yildan oshdi, hali yana shuncha minaman,-degandi.

Bu mashina chetdan olib kelingani uchunmi, dillershipi har qadamda yo’q. Bittasiini topib bordim. Narxlar internetda ko’rganimdan ham tepada. Uncha-buncha odam ham kirmas ekan. Salon juda chiroyli qilib bezatilgan va sotuvchilar xuddi prezidentlardek kiyinib olishgan. Bizni ko’rishlari bilan yonimizga kelishdi. Shunda sport kiyimida kelganimga uyalib qoldim. Ular bunga parvo ham qilmay, qo’yarda-qo’ymay to’rga o’tqazib, nima ichishimni so’rab-surishtirib, keyin mashinadan gap ochishdi.

“Mersedes” bilan “BMV” savdo bozorida kuchli raqobat ketayotganini Internetda o’qigandim.

Shuning uchun siyosat qildim:

-Aslida “BMV” olmoqchiman, lekin sizlarni ham bir ko’rayin, deb keldim.

Bu gapdan ularning hafsalasi pir bo’ladi, desam, aksincha e’tiborlari kuchayib ketdi:

-Oldin “BMV” minganmisiz?-deb so’rashdi.

Sir bermadim. Hamma mashinalarni ko’rib, bittasini tanladim. Lekin men istagan rangi yo’q ekan. Ular bir kunda topib kelishlarini aytishdi. Ularga o’zim belgilagan narxni aytdim. Ko’zlari kosasidan chiqib ketay, dedi. Baribir edi. Chunki hozir bularda istagan mashinam yo’q. Boshqasida bo’lsa, o’sha yerga borib, arzonroqqa olaman, deb o’yladim va aytgan narxim qat’iy ekanligini aytdim.

Xullas, ular o’zlari istaganidan 7 ming dollar tushishdi va ertasiga borib, mashinani minib keldim.

Mashinaga gap yo’q. Jiyanim aytgan kabi mindingizmi, asablaringiz bosiladi va mas’uliyat bilan haydaysiz. Odamlar qarab qo’yishini, politsiya shuni bir ushlasam, uncha-buncha pulini xazinaga o’tkazib yuborsam, degandek kuzatishini his qilasiz.

Ammo bu mashina hamma tomondan asabni asrab, bir tomondan qaychilar ekan. Hukumat bu mashinaga mulk solig’ini juda katta qo’ygan. Oddiy “Toyota” mashinasiga to’laydigan soliqni qariyb o’n baravarini olarkan. Shu tomonini bilmay qolibman. Mashinaniki foyizsiz qarzga oldim. Lekin solig’ini naqd to’lash kerak. Bitta eski mashinaning puli. Vaqtida to’lamasangiz  “osmon uzilib yerga tushadi”. Ortga esa yo’l yo’q. Sotaman desangiz arzonga ketadi.

Shuning uchun bunaqa mashinani nafaqat cho’ntagingiz ko’tarsa, balki asabingiz ham chidasa, soliq uchun ortiqcha pulingiz bo’lsa olish kerak. Bo’lmasa buning puliga boshqa mashinalardan ikkitasini olib, “changitib” yuravergan yaxshi. Lekin Amerikada chang yo’q…

Xullas, hisoblab chiqsam olti kishilik oilamiz uchun 12 yilda  12 ta mashina olishga majbur qolibmiz. Shundan sakkiztasi yangisidan olingan va hali ham pulini to’lab yuribmiz. Shunaqa, ishlab-ishlab topganimizning bir qismi qo’limizga yetmasdan mashinalarning “halqumiga” ketadi.

Xayriyatki, har birida mahkam turib tortishganman. Hech qachon ular aytgan narxga olganim yo’q. Kamida 3-4 ming tushirib olganman. Ular shunda ham foyda ko’rishadi. Foyda qilmasa savdo qilmasdi.

Mashina olishda maslahat so’ragan ukalarimga,  doim xaridga tayyorgarlik ko’rmasdan bormang deyman.  Oy yoki kvartalning oxirida, bayramlar arafasida tujjorlar “eriydilar”. Borganda vaqtingiz bemalol bo’lsin, sotuvchi bilan ko’p gaplashmaslik kerak. U oilasining suratlarini keltirib qo’yadi, sizni qaerdan ekanligingizni surishtiradi,  turli bahonalar topadi va siz bilan quyuq suhbat qurishga intiladi. Ishonchingizga kirib olsa, nima desa ishonaverasiz. Shuning uchun nima desa ham indamay eshitish, u quloqdan kirganini bu quloqdan chiqarib yuborish kerak. Oldindan bozorni o’rganib, narxni belgilab borsangiz yutasiz. Foyizsiz kredit berib turishadi.  O’sha paytda olsangiz, maydalab to’lab yurasiz. Aytganingizga bermasa indamay chiqib ketaverish kerak. Shunda ham foyda qilasiz. Bu keyingi joydagi savdo uchun tajriba bo’ladi. Yuqorida aytilganidek, pul sizniki, demak hokimlik sizda.

Ota-bobolarimiz “Savdolashmay olingan mol-harom” deganlar. Buning ortida katta hikmat bor. Amerikada, ayniqsa, mashina xarid qilishga chiqqanda, bu hikmat oltin ekanligini  yaqqol his qilish mumkin.

Jahongir Mamatov

(Davomi bor).

One Response

  1. Assalomu alaykum hurmatli Jahongir aka!
    Yozayotganlaringiz juda ajoyib. Musofirlikda Sizga kuch qudrat va ijodiy muvaffiqiyatlar tilayman. Omad.

Leave a Reply

Please log in using one of these methods to post your comment:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out /  Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out /  Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: