“Boshqa dunyo” kitobidan boblar

Har bir haqida alohida hokoyalar yozishga arzugulik amerikalik-o'zbeklar davrasida

Har bir haqida alohida hokoyalar yozishga arzugulik yaxshi insonlar-amerikalik o’zbeklar davrasida

13.Begona birodarlar

Poytaxt Vashington alohida shtat ham emas, birorta shtatga ham kirmaydi. Shu nomda alohida shtat bor.  U Tinch okeni tomonda. Vashington shahri esa Atlantikaga yaqin-poytaxt, mustaqil shahar. Uncha boy emas. Chunki Amerika soliqlar hisobiga yashaydi. Soliqlarni esa shtatlar va federal hukumat yig’adi. Shuning uchunmikan, Vashingtonning ko’chalari o’ydim-chuqur, mashina qatnovi yomon, uy-joylar eski. Lekin yangi va yaxshi uylari ham bor, juda qimmat turadi. Bu shaharda boy odamlar anchagina. Shunga qaramay, Oregondek joydan ko’chib kelgan uchun ilk taassurot-g’arib shaharga o’xshaydi.

Aksariyat odamlar Vashingtonda ishlagan bilan bu shaharni o’rab turgan Virjiniya va Meriland shtatlarida yashashadi. Shahar va shaharni o’rab olgan joyni Metropolitan mintaqasi deyishadi. AQShga Afg’oniston, Turkiya orqali ko’chib kelgan 140-150 o’zbek oilasi ham mintaqaning Virjiniya qismida yashaydi. Bu joyni Shimoliy Virjiniya deyishadi.

O’zbekistonning AQShdagi elchisi bo’lgan va keyin bu mamlakatdan siyosiy boshpana olgan Bobur Malikov, biz bilan birga AQShga kelgan Abdurahim Po’latov va undan 6-7 yil oldin kelgan ukasi Abdumannop Po’latov ham shu mintaqada yashashar ekan.

Biz  toshkenlik, asli kelib chiqishi Qrim turklaridan bo’lgan bir kishining uyida turdik. Juda yaxshi, bag’ri keng, mehmonparvar odam. U haqda mavridi kelganda alohida to’xtalaman. Uning uyida avgustdan to noyabrga qadar – o’zimiz alohida kvartira olib chiqquncha yashadik.

U bizga ikki qavatli uyining birinchi qavatini ijaraga berdi. Tashqaridan kirishda bu yerto’ladek. Lekin hovliga chiqishda birinchi qavat. Tashqariga alohida eshigi ham bor. Avgust oyi bo’lgani bilan kechasi konditsioner uyni muzlatib yuboradi. Kitobdan boshqa hech narsamiz yo’q. Bizni ko’rishga kelgan Abdurahim Po’latov mashinasining o’rindig’ini tashlab ketdi, shunga ham rahmat. Ertasiga ko’rpa-to’shak topdik. Amerikalik bir kampir kelganimizni eshitib, mashinasini to’ldirib eguliklar olib keldi. Mahalliy hukumatning yordam idorasi bor ekan, darhol mebel va boshqa kerakli jihozlaru oziq-ovqat bilan ta’minlashdi.

Abdurahim Po’latov, Bobur Malikov bo’sh vaqtlarida kelib turishdi. Bobur aka bilan chiqib kvartira qidirdik.

Shu orada o’zbeklar va amerikaliklar orasidagi farqni ham ko’rib olishga fursat bo’ldi.

Kelganimizni eshitgan o’zbeklar ham, biz tanishib ulgurgan amerikaliklar ham mehmonga chaqira boshladilar. Hali u yerga, hali bu yerga boramiz.

Afg’onistondan kelgan o’zbeklardan biri uyiga taklif qildi. Bordik. Koshonada yashar ekan. Havas qildik. Yaxshi kunlariga buyursin, bizga ham nasib etsin, deb duo qildik.

Uch-to’rt o’zbek oilasi yig’ildi. Erkaklar alohida, ayollar alohida  uylarda. Ikkitasi Saudiyada yashab, keyin bu erga kelgan ekan. Suhbat mavzui tijorat, Amerikani qoralash va kim kuniga necha marta ortiqcha namoz qilgani haqida. Orada o’zlarining inglizchani burro bilishlarini ham qistirib qo’yishardi. Bir-ikki kalimani inglizcha aytgandim׃

-Nima?-dedi bittasi. Eshitmabdi deb o’ylab yana takrorladim.

-Nima?-dedi u yana.

Uchinchi marta takrorlasam, u ayni so’zni o’zi qaytadan talaffuz qildida kulib yubordi:

-Bular urus,-dedida yana kuldi. Unga qo’shilib qolganlar ham kulib qo’yishdi. Biroz noqulay bo’ldi. Ammo tishni-tishga qo’yish kerak.

Inglizchadagi ”th” tovushini Afg’onistondan kelgan o’zbeklar “d” deb talaffuz qilishar va ruslar “z” deb aytisharkan. “Urusga aylanib qolganimiz” ana shundan.

Keyin Qur’oni Karim va hadislardan savolga tuta boshlashdi. Bu masalada ozgina savodim bor. Turkiyada to’rtta kitob tarjima qilgandim va  o’zim ham bitta kitob yozgandim. Ular bilan bahslashib qoldik. Ular eshitganlarini, kamina esa o’qiganini aytayotgandi.

-Siz o’zbaklar dinni sho’rolarga sotgansizlar,-deb yubordi bittasi.

Tilim yomon emasmi, og’zidan chiqqanini yoqasiga yopishtirib qo’ydim. Jimlik cho’kdi.

Bir payt bittasi o’rnidan turib azon ayta boshladi, qolganlar safga tizildilar va namoz qilishdi. Joyimdan qimirlamadim. Boyagi gap miyamning tomirlarini gupillatayotgan edi.

-Bular kofir bo’lib ketgan,-dedi o’sha Saudiyada yashab keyin bu yerga kelgan kishi.

-Tahoratsiz namoz qilgandan ko’ra, kofir degan haqoratni eshitish yaxshiroq,-dedim kinoya bilan.

Xullas, biz mutloq boshqa odamlar kabi edik. Suhbatimiz qovushmasdi, zehniyatimiz ham boshqa edi. Vaqt va makon bizni begonalarga aylantirib qo’ygandi. Ular o’zlaricha haq. Xudoning yo’lidamiz, deb o’ylashadi va shunga targ’ib qilish burchimiz deyishadi. Mulladan eshitganlarini aytishadi. Bilim ololmay qolganlari ularning aybi emas, balki qismatidir.

Bunday paytda kim haq, kim nohaqligini aytolmaysiz. Bu faqat yaratgan Egamning ishidir, biz bandalarga bunday haq berilmagan.

Shuning uchun xafa bo’lmadim. Afg’onistonni uruslar bosib olganda ularga qo’shilib o’zbekistonlik o’zbeklar ham borib, jang qilgani bor narsa. Hech bo’lmasa shuni yuzimga solishmadiku? “Sizlar tufayli bevatan bo’ldik” deyishsa, qanday javob qilardim? Gapingizni borib Brejnevga ayting dermidim? Ularga ham oson emas, araz tutishga haqlari bor deb o’yladim.

Boshqa bir safar kamina mahbusga, mezbonlar tergovchiga aylanishdi׃

-Qaerdansiz?

-O’zbekistondan?

-O’zbakistoning qaeridan?

-Samarqanddan

-O’zbakmisiz?

-Ha, o’zbekman.

-O’zbakka o’xshamaysizku?

-Kimga o’xshayman?

-Tojikka o’xshaysiz. Hamyurtlaringiz-samarqandliklarga qo’shilib oling. Ular o’zlari alohida guruh. Boshqalarni pisand etmaydilar. Ular boyroq, so’rasangiz yordam ham qilishadi.

Shunda “Amerika ovozi”da ishlaydigan Nusratilla Laheeb:

-Bu kishi ilmli odam. Katta ishlarda ishlaganlar, millat vakili bo’lganlar,-degandi bir zumda suhbat o’zgardi. Qarasam, faqat men gapirayapman, boshqalar jim. Qaytishda ham hurmatu e’zoz bilan kuzatib qolishdi.

Birovdan yordam so’rashga qiynalaman. So’ray olmayman. Doim o’z oyog’imda turishga harakat qilaman. Lekin qiyin kunlarimda kimdir o’zidan bilib yordam bersa, uni bir umr qadrlayman, doim duosini qilaman.

O’sha kunlari ayol boshiga bizga hurmat ko’rsatgan Xadicha Buloqboshi, holimizdan xabardor bo’lib turgan Abdulmannon Keskin, juma kunlari kelib, mashinasida kaminani turklarning yuz kilometr olisdagi machitiga olib borgan, mehmondorchilikka da’vat etib turgan Abdulla Chig’atoy, xizmatlarini ayamagan Ra’no Habib, uyiga chaqirib, e’zolab, atrofni anglatgan Munavvar Andijon, bizni hamyurtimiz deb ko’rishga kelgan Usmon Ma’mur kabi, ularning oila a’zolari kabi ajoyib insonlar ham ko’p bo’ldi. Lekin bu umumxamirdan “kulcha”… “Kulcha” bo’lganda ham shirin “kulcha”. Baraka topishsin.

Keyin bilsam, bu yerdagi turkistonliklar orasida “toshkanliklar”, “marg’ilonliklar” va “samarqandliklar” degan guruhlar bor ekan. Ota-bobolari Farg’ona vodiysidan chiqib ketganlar – “marg’ilonliklar”, Zarafshon vodiysidan chiqqanlar-“samarqandliklar”, qolganlar esa “toshkanliklar” ekan.

Bir o’tirishda mahalliychilik haqida “doklad” boshladim. Qayoqda, bu yerda hamma bir-birining ustidan kular va orqasi o’grildimi kamsitar ekan:

-Bu falonchining muridi edi…

-Bu falonchining bachchasi edi…

-Bu “xalqiy”ning josusi bo’lgan…

-Bu “Tablig’”ning puliga odam bo’ldi…

Hozirgina birgalikda osh eb, birgalikda namoz qilgan do’stlari chiqib ketishi bilan orqasidan ana shunday kamsitish boshlanardi.

-Qizini pokistonlikka beribdi…

Bu gapni aytgan odam chiqib ketishi bilan׃

-O’zining qizi amerikalikka tegib ketdiku, boshqalarni gap qiladi…

Endi shu gapni aytgan odam ketgach, uning orqasidan׃

-Bu andi, ota-bobosi xitoylardan…

Kamsitish ham emas, bu haqorat edi. Bunga chidab o’tirish mumkin emas. Hamma bilan bahslashishga to’g’ri kelardi.

Oxiri  Abdulmannon Keskinga  “Bir jamoa tuzib, odamlarni birlashtirsak bo’lmaydimi?” desam, uning yuragidagi gapni aytib qo’yibman. Harakatni boshlab yubordik. “Metropolitan mintaqasidagi turkistonlik-amerikaliklar” degan jamoaning  tashkiliy qo’mitasini tuzib, ishga kirishib ketdik. Ma’rakalarda, yig’inlarda ma’ruza qilib, umum dardimizni gapira boshladik. Bu endi alohida mavzu.

Bir kun amerikaliklardan biri mehmonga chaqirdi. Bordik, “Qaerdansan, qaysi qishloqdan, qaysi urug’dan, qaysi dindan?” degan gaplar umuman yo’q.

-“Urush va tinchlik”ni zo’r yozganda Tolstoy…

-Ikkita Tolstoyni qorishtirmaysizlarmi? Bizda  Lev bilan Alekseyni adashtirib qo’yishadi ba’zan?

-Arximed bilan Lobachevskiy tengma-teng odamlar, faqat boshqa davrlarda yashashgan. Lekin bittasi mashhur, ikkinchisini hech kim bilmaydi…

-Sizlarda ham saylov kampaniyasi ikki yil oldindan boshlanadimi?

-Qanday qilib prezident muddati bitib ham taxtda o’tiraverishi mumkin?

-Nega O’rta Osiyodan chiqqan Forobiy, Ibn Sino, Xorazmiy va boshqalarni dunyo arab deb tanigan?

-Nega mustaqil bo’lib ham Lenin va Stalin bergan nomlarni saqlab qolgansizlar? U joyda oldin ham O’zbekiston degan joy bo’lganmi?

-Safoklning “Shoh Edip” asarini o’qiganmisiz?

-Boshsiz xo’roz-Mayklga sig’inish  qanday boshlanganini bilasizmi?

Butun oqshom ana shunday savollarga javob qidirish bilan o’tdi. Uyga qaytayotib rahmatli amakimni esladim׃

-Bu odamlarga nondan gapir, siyosatdan emas, mish-mishlardan gapir, haqiqatdan emas,-derdilar va qo’llarini siltab qo’yardilar.

Buyoqdagilar amakim  hamsuhbat bo’ladigan odamlar ekan. Doim siyosatdan va haqu nohaqlidan gapirishadi. Bizda kibr va hirs juda kuchli. Bu odamlar esa buni engib olishgan. Shuning uchun ham na uy-joyimizga, na mashinamizga, na mansabimizga, na talaffuzimizga e’tibor qilishadi. Ular uchun inson bo’lsak, bas – hurmatimiz va huquqlarimiz bor.

Jahongir Mamatov.

(Davomi bor).

Leave a Reply

Please log in using one of these methods to post your comment:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out /  Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out /  Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: