
2013 yil Noyabr oyida Istanbulda olingan surat. Yangi ochilgan Marmaray suv osti yo’lining kiraverishi.
“Sharq demokratiyasi”
SAVOL: “Sharq demokratiyasi” degan tushuncha asli bormi yoki bu ham manfaatlar uchun o’ylab chiqarilganmi? Sizningcha O’zbekistondagi va AQSh dagi demokratiya bir xil bo’ladimi? (Bahrom).
JAVOB: “Demokratiya” degani bu lotinchadan tarjima qilganda “Xalq boshqaruvi” deganidir. Agar kimdir demokratiyaning “Sharq usuli” deb gapirayotgan bo’lsa, demak u xalq boshqaruvini inkor etib, diktaturani targ’ib etmoqda.
Inkor etib bo’lmaydigan bir haqiqat bor. Demokratiyaning kamchiliklari ko’p, ammo bugun mavjud rejimlar orasida inson manfaatlariga eng yaqini shu.
Demak, nima uchun mavjudlari orasida eng mukammalrog’i bo’lganini inkor etib, boshqa narsani tavsiya qilishmoqda?
“Qurt egan olma shirin bo’ladi”, degan ahmoqona gap bor. Vaholanki do’konga borgan biror kishi haliga qadar yaxshi olmalarni chetlab ayni pulga qurt egan olmani olgan emas. Aslida yuqoridagi gap “Olmaning yaxshisiga qurt tushadi” degan iborani hamma olmani o’zi eyishni mo’ljallagan bittasi o’zgartirgan varianti bo’lsa ne ajab?! Ya’ni demokratiya va “Sharq demokratiyasi” degani kabi.
Qonunlar oldida hammaning tengligi, inson huquqlari, saylov, so’z erkinligi, mitinglar, ko’cha yurishlari kafolatlanishi, mulk daxlsizligi, adolat ustivorligi va shu kabi boshqa qadriyatlarning G’arbga yoki Sharqqa xosligi, mosligi degan gap yo’q. Bular inson uchun! Hamma joyda inson insondir! Qaerdadir, kimdir insonni hayvon deb tushunsa, bu uning nuqsi, insonlarning emas.
G’arb demokratiyasi O’zbekistonga kirib kelsa otasini politsiyaga topshirishga tayyor bolalar chiqadi, kabi gaplarni Karimov ko’p takrorlaydi. Vaholanki, Sharqda minglab Abdulatiflar otasini politsiyaga topshirish, sud qilish u yoqda tursin to’g’ridan-to’g’ri o’ldirtirib yuborgan va o’ldirishmoqda.
O’zbekistonda mustaqillikning dastlabki o’n yilida oila jinoyatlari oldingi shu davrga nisbatan 67 foyizga o’sgan. Demak, otasi yoki onasini o’ldirganlar “Sharq demokratiyasi” paytida kamaymabdi.
O’zbekistondagi demokratiya AQShdagi bilan bir xil bo’ladimi, degan gapga esa qisqa qilib shunday javob berishim mumkin. Demokratiyaning aniq chizib qo’yilgan rasmi va qoidasi yo’q.
Xalqning talabi, istagi uning rasmi va qoidasidir.
Demak “Sharq demokratiyasi” deb ko’kragiga urayotganlar xalqni ana shu huquqdan mahrum qilib, demokratiyaning rasmini o’zlariga moslab chizmoqchilar.
Dehqonchasiga sodda qilib aytganda “Sharq demokratiyasi” mualliflari xalqqa “Siz o’zingiz istagan ovqatni emas, biz sizga beradigan narsani eysiz” deyishmoqda.
Jahongir Mamatov
“Oqsaroy sirlari” (2004 yil) kitobidan
Filed under: Savol-Javob | Tagged: Jahongir Mamatov, O'zbeklar, sharq demokratiyasi |
Ҳурматли Жаҳонгир ака!
Албатта демократиянинг ўзбек модели бўлиши қийин. Чунки бизнинг оилавий ҳудудимизда диктатура жуда яхши шаклланган. Масалан: Ота истаги билан бирор бир иш қилиш ёки қилмаслик, уйланиш ва кимга уйланиш, мерос ёки бир неча ҳолатлар. Демократияга ўтиш учун демак бизда бирламчи ўринда оилавий тузумни яхшилаш кўринади. Иккиламчи томони шундаки, ҳаётий тажрибалари йуқори бўлган ота оналарнинг маслаҳати (буйруғи) билан баъзи йўқотишларнинг олди олинади. Бундан кўриниб турибдики, сиз айтганингиздек демократия халқнинг истаги кўринишида. Соф демократия деган нарсадан қайсидир элементлар олиб кирилса бу жамиятимизда ҳам яхшиланиш ошарди. Агарда фарзандлар тажриба қилиб ўз ҳаётларини ўзлари қурмасалар демак, улар ота оналарининг ҳаёт ва истакларини бажараётган бўладиларда. Бу бизни бировга боғланиб қолишимизнинг энг катта муаммосидир.
Сизга катта раҳматки, мана шу икки муносабатни жуда чиройли ва маъноли қилиб изоҳлаб бергансиз..
Ҳурмат билан…