“Boshqa dunyo” kitobidan boblar

jm_1996Amerikani har kim o’zi kashf etadi

Kirish o’rnida

Tabib tabib emas, boshiga tushgan tabib, deydilar. Bir paytlar Amerika mutlaqo boshqa dunyo edi, bugun esa bu mamlakatning pastu balandini so’rang, imkon qadar ayta olaman.

Darvoqe, “Amerikani Kolumb ochgani bilan har kim uni o’zicha kashf etadi” degan gap bor.

Bizga 1990 yillardan keyin Amerikaga kelgan o’zbeklar orasida qisqa vaqtda oyoqqa turish nasib etdi.

Steven (familiyasi esimda qolmagan) degan amerikalik bir professor 1999 yilda bizga qisqa fursat dars berganda “Oyoqqa turishing, amerikalik o’rta sinf safiga qo’shilishing uchun kamida o’n yil kerak” degan edi. Bu lof ekan. Chunki bu yerga hech narsasiz kelib, ikki yilda oyoqqa turish mumkin.

Aslida Amerikaga kelgan har qanday kishi bu yerda O’zbekistondagidan yaxshi yashaydi.

Sovet davrida o’rtacha maosh 140 so’m bo’lgan paytda ayni vaqtda bir necha nashrlar (“O’zbekiston Ovozi”, “Qishloq haqiqati”, “Mushtum”, “Zarafshon”) bilan ishlab, oyiga ming so’m atrofida daromad qilardim. Boshqacha aytganda, hayot darajam o’rtachadan ancha-buncha yuqori edi. Lekin Amerikaga kelganlar orasida cho’ntagida puli eng kami ham men bo’lsam kerak.

Turkiyada tanishlarimiz Amerikani shunday ta’riflashgandiki, daraxtning ostida dollar terar ekanmiz, deb hamma narsani qo’ni-qo’shnilarga tarqatib, 12 ta chemodanga faqat kitoblarni yuklab keldik. Cho’ntagimda 75 dollar bor edi, xolos.

Ingliz tilini mutloq bilmagan holda hech vaqosiz kelib, olti kishilik oila bilan qisqa vaqtda oyoqqa turib ketish ko’pchilikka qiziq bo’lishi mumkin.

Darhaqiqat, ba’zan turli davralarda boshimga tushgan voqealarni, kulgili holatlarni aytsam, “Tajribalaringizni yozing, bizga asqotadi, boshqalarga ham yordami tegadi”, deyishadi.

Amerikaga yangi kelganlar yoki kelmoqchi bo’lganlar esa “pachkalab” savol yo’llashadi.

Ana shularni hisobga olib o’ziga xos bir “qo’llanma” yozishga kirishdim.

“Madaniyat shoki” nima va uni qanday yengish mumkin? Mutloq bilmagan tilni qanday o’rganish kerak? Eshikni taqillatib kelgan dindorga nima deysizu ko’chada sizga gap qotgan odamga qanday javob qilasiz?

Kulgili hollarga tushib qolganda uyalish kerakmi, yig’lash kerakmi, o’z ustingizdan devonalarcha kulish kerakmi?

Sotib olingan narsaga pulingiz yetmasa uni qaytarish uyatmi? Mashina olishda kimga quloq solish kerak? Uyni qaerdan va qanday tanlash lozim? Va hokazo va hokazo… savollar juda ko’p.

Keling yaxshisi javoblarni o’qing. Javoblar biz boshimizdan kechirgan ajabtovur voqealarda.

1. Aeroportdagi “marsh-brosok”

Turkiyadan qo’ltig’imizga qistirilgan hujjatlarni mahkam tutib Nyu York aeroportining yerto’lasida ketayapmiz, ketayamiz… Tunnel ham shuncha uzoq bo’ladimi, qachon yer ustiga chiqamiz, qachon afsonaviy Amerikani ko’ramiz degan fikr “miyaning yelkasini yag’ir qilib” yubordi.

Bir joyda bizga bir qora tanli ofitser nimalardir dedi. Hech narsani tushunmadik. Oz-moz inglizchani tushunadigan katta qizim ham uning gaplarini anglamadi.

-Aksentini tushunmadim,-dedi qizim.

U Istanbulda ingliz tili maktabiga qatnagandi.

-Dada, bizga “british” inglizcha o’rgatishgan, bu “Amerikan” dedi.

O’shanda qizim tilni yaxshi o’rganmagan deb jahlim chiqqan. Adashgan ekanman. Haqiqatan ham Britaniya inglizchasi bilan Amerikaniki farq qilarkan. Buning ustiga qora tanli amerikaliklarning o’z lahjalari borki, uni o’zlaridan boshqa odam qiyinchilik bilan tushunadi.

Hayron bo’lib turgandik, bir ayol kelib qizimga sekin-sekin tushuntirdi. Bo’lar ekanku!

Darhol yugurib qoldik. Biz boshqa uchqichga minishimiz va hali yana olti soat uchishimiz kerak ekan.

Kitobsevarligim o’sha yerda qattiq azob bergan. Kitob solingan 12 ta chamadonni ko’tarish oson ishmi? Buning ustiga uchqichimiz boshqa terminalda. Biz xalqaro terminalga kelib tushibmiz va endi mahalliy qo’nalg’adan uchishimiz kerak ekan.

O’shanda besh dollar to’lab aravacha olish mumkinligi va chamadonlarni ortib, orqasidan o’zimiz sallona-sallona qo’l siltab borishni qayoqdan bilibmiz. Birov ham aytmagan. Chamadonlarni ikkitalab yuz metrgacha tashiymiz va keyin navbatdagi yuz metrlikni zabt etishga kirishamiz. Shu zayl aytilgan joyga yetib borganda belim bukilib qolgandi. Qarasam umr yo’ldoshim Rohilaxon mendan bardamroq. Bolalar ham holdan ketishgan. Besh daqiqa dam olamiz desak, bizning uchqichga hamma minib bo’lgan ekan. Borib so’rashimiz bilan baqir – chaqir boshlandi. Yugur-yugur bilan uchqichga kiritib qo’yishdi.

Uchqich ko’tarilganini ham, tushganini ham bilmayman.

Rohila:

-Keldik,-deyishi bilan qarasam salonda bizdan boshqa odam qolmagan.

Tag’in yugur-yugur boshlandi. Borib chamadonlarni kutdik, hammaniki bor, bizniki yo’q. Birdan qizim:

-Dada bu yer Sietl ekan, biz boshqa joyga tushibmiz,-deb qoldi.

Ana vahima boshlandi. Tashqari qop-qorong’u, ichkarida hech kim yo’q hisobi.

-Tez ana u amakidan so’ra, nima qilamiz?

Haligi amaki aeroportning narigi chetini ko’rsatib, bir nimalar dedi. Keyin kimlargadir baqir-chaqir qildi. Bir ayol kelib:

-Ketdik!-deb qoldi.

Qayoqqa ketamiz? Chamadonlar qani? Kitoblarimiz qani?

U jahl bilan qizimga tushuntirdi, chamadonlar “uje” uchqichda ekan.

Biz Portlandga boradigan uchqichga o’tmasdan chamadon qidirib yurib, vaqtni ketkazibmiz.

Haligi ayol shunaqa yugurayaptiki, ko’rsangiz Olimpiadada g’olib chiqqan deb o’ylaysiz. Uning orqasidan arang yetib borayaman. Ortga qarab ham qo’yaman. Rohila yugurib kelayati. Egizaklarimga “tezroq” deb qo’l siltagandim, mendan ham o’tib ketishdi.

Samolyotga minadigan joygacha shuncha uzoq ekanki, nafasimiz qaytib qolay dedi.

U yerda ham bir zum to’xtatmay mindirishdi.

O’rindiqqa cho’kishim bilan “Amerikaga bormayman” deb yozib bergan xatimni esladim. Qancha odam oraga tushgandi. “Avropada nima qilasan, Amerika jannat, u yerga boraman deganlar falon pul berib ham borolmaydi, sen bo’lsang taklifni rad qilib o’tiribsan”.

Demak, “jannat”ga oson borib bo’lmas ekan. Yugur-yugur bilan borilarkan. Atrofni ko’rish, tomosha qilish yo’q. Rohatlanish yo’q…

Endi ko’zim ilingan ekan, uchqich “dakar-dukur” qilib yerga urilib to’xtatdi.

Portland degan shaharga keldik.

Chiqishimiz bilan kutib olayotganlarning qo’lidagi yozuvga ko’zim tushdi. Bir kampir “MAMATOV” deb yozilgan katta qog’ozni ko’tarib turibdi. Yetmish yoshlarga yetib qolgan, qaddi biroz bukilgan, aylana yuzini hali ajinlar qoplamagan, g’ayratli, mehrli, samimiy bir ayol. Xuddi o’zimizning buvilarimizga o’xshab ketadi.

Unga tikilib qolibman, o’zi yugurib keldi. Bir nimalar deydi, qani tushunsam. Yonida bir yigit. Tarjimon ekan.

Omadni qarang, Oregonda o’zbekcha biladigani topilmabdi. Ruscha gapiradiganlar ko’p ekanu lekin “Bular Turkiyadan kelayati” deb bitta iroqlik kurdni olib kelibdi. U “Turkchani bilaman” degan ekan. Lekin turkchada ikki so’zdan uchinchisiga o’ta olmaydi. Faqat ismini aytganini tushundim, Moyad ekan.

Xullas, kunimiz yana qizimga qoldi. Kampirning “amerikan” aksenti haligi amakinikidan ko’ra “british”ga yaqin chiqib qoldi. Qizim uni bemalol tushuna boshladi. Kampirning ismi Merit. U biz bilan qo’l berib ko’risharkan, ismini aytdi, keyin biz. Shundan keyin kampir bizlarni bir-bir quchoqlab chiqdi.

Ular ikkita mashinada kelishibdi. Merit bolalarni oldi, Rohila va men Moyadning mashinasiga chiqdik. Moyad bilan gaplasha olmay qiynaldik. U bir narsalar deydi. Turkcha va forscha kalimalarnigina anglaymiz, qolganiga “tishimiz o’tmaydi”.

Shuncha yil Turkiyada yashab oz-moz bo’lsa ham kurdchani o’rganmaganimga pushaymon qildim.

Jahongir Mamatov.

(Davomi bor).

One Response

  1. Assalomu alaykum.O’zimning jahongashta Jahongir akam, o’zbekmiz- soddamizda! Baribiram qoyil !)
    Yaxshiyamki,o’shanda sizni tushunadigan va qo’llab-quvvatlaydigan Rohila yangam va farzandlaringiz yoningizda bo’lishgan ekan.Begona yurtga,begona tilda so’zlashadiganlar orasiga borib o’z yo’lini topish har kimga ham emas.Sizga haqiqatanam, taqdir ajoyib umr yo’ldosh ato qilgan ekan.Ko’z tegmasin!
    Hozir rahmatli opam yodimga keldi.U Dadaxon Yoqubovning singlisiman,derdi.Men esa sizning.Navro’z telemarafonini opa-singil uxlamasdan ko’rib chiqqanmiz.Ha, biz uchun o’shanda haqiqiy “marsh brassok” bo’lgandi)).Tong paytda uxlab qolmaslik uchun turgan joyimizda rosa yugurgandik…
    Bular endi shirin xotiraga aylandi…

Leave a Reply

Please log in using one of these methods to post your comment:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out /  Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out /  Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: