BOSHQA DUNYO
2. “Jet lag”
Bir joyda to’xtadik. Tun oqqani uchunmi atrof qo’rqinchli edi. Uylar armiya kazarmasini eslatadi. Har bir uyda oltitadan kvartira. Shulardan bittasini Merit biz uchun hozirlabdi. Ichkariga kirishimiz bilan Merit qizimni chaqirdi va bizga kvartirani “tanishtirdi”׃ Uchta yotoqxonasi bor, bitta katta zal hamda oshxona. Zalda mo’rili pechka o’rnatilgan bo’lib unga o’tin tashlab yoqilarkan. Merit balkonga boshlab:
-Sizlar uchun o’tin ham jamg’arib qo’ydim,-dedi.
Biz Amerikaga keldikmi yoki adashib Meksikaga o’tib ketdikimi, deb o’ylab qoldim. Nahotki uyni o’tin yoqib isitamiz? Atrofga alanglab, oxiri devorning bir chetidan havo keladigan joyni ko’rib qoldim. Keyin bilimdonlik qilgan kabi so’radim:
-Issiq-sovuq havo uzatadigan konditsioner bo’lganda pechkaning nima keragi bor?
Merit jilmaydida:
-Pechkani istagan vaqt yoqasizlar, bu havas uchun. Olov yoqib, unga termulib o’tirish mazza.
Keyin u balandligi bo’yimdan balandroq, kengligi ham ikki quloch keladigan katta muzlatgichni ochdi. Liq to’la. Dunyoda nima istasangiz bor.
-Faqat cho’chqa go’shti yo’q, shuningdek, cho’chqa go’shti qo’shilgan mahsulotlar yo’q, chunki musulmonlar cho’chqa go’shti yemasligini bilaman, -dedi Merit.
U oshxonadagi stol ustini ham turli mevalarga to’ldirib qo’ygan ekan.
So’ng bizni yotoqlarga boshladi.
-Mana, er-xotin sizlarga,-deya kelin-kuyovning uyidek bezatilgan xonani ko’rsatdi. Yap-yangi choyshablarni matrasga tortib, to’shab qo’yibdi.
Keyin bolalarga ularning xonalarini ko’rsatdi. Zalda katta televizor, divan va kreslolar qo’ygan ekan.
-Har kuni tomosha qilaveringlar,-dedi,- avval quloq o’rganishi kerak, keyin ma’nosiga tushunib olasizlar.
Shundan so’ng o’sha “o’rganib olishi kerak” bo’lgan quloqqa gap yoqmay qoldi.
-Buni “jet lag” deydilar, uchqichdan tushgan odam uch kungacha o’ziga kelolmaydi, mayli sizlar dam olinglar, biz ketdik,-dedi Merit ahvolni sezib va shaxdam odim bilan chiqib ketdi.
Uch kun bo’lmasa ham uyg’onganimizda naqd bir yarim kun o’tgandi.
Sekin eshikni ochsam, bir qancha to’rva-xaltalar turibdi. Hayron bo’ldim. Atrofga qaradim, hech kim yo’q. Birovnikidir deb sal nariroqqa surib, tashqariga chiqdim.
Uyimiz ikki qavatli ekan. Tepada boshqa oila yasharkan. Devorlari taxtadan. Ko’rinishi naqd kazarmaning o’zi. Ko’nglim yana cho’kib qoldi. Atrof quyuq o’rmon bilan qoplangan.
Bir ikki qadam yurgandim, qo’shnimiz chiqib qoldi. U inglizcha gapirib ko’rdi, bo’lmadi.
-Ruschani bilasanmi?-deb qolsa bo’ladimi.
Ko’nglimning osmonida quyosh porladi. “Urre” deb yuborishimga oz qoldi.
-Xush kelibsizlar, men ishga shoshib turibman, kelganimda gaplashamiz, o’g’lim va qizim uyda, xizmat bo’lsa aytinglar. Ha, Merit kelgandi, bozorlik qilib kelgan ekan, tashlab ketdi.
Orqaga qaytib to’rva-xaltalarni ichkariga oldim. Rohila karamni ko’rishi bilan do’lma pishirishni boshlab yubordi.
Men esa atrofni “razvedka” qilishga chiqdim. Sal narida mashinasini tuzatib turgan ikki yigitni ko’rib qoldim. Ular ham bizning kelishimizni bilisharkan, darrov salom-alik qilishdi. Tabrizlik turklar.
-Bizni ham Merit kutib olgan, u hammamizning onaxonimiz, biz uyg’onishlaringizni kutib turgandik, past-balandni tushuntirib berishimiz kerak,-dedi Haydar ismlisi. Yonidagisi ukasi ekan.
-Biz aka-uka kelganmiz, Oyatilloning zulmidan qochib kelganmiz.
Haydar turkcha bilishimdan juda xursand edi. Meni aytmaysizmi? Nega Merit bu yigitlarni tarjimonlikka olmabdi, desam Moyad inglizchani yaxshi bilgani uchun muhojirlarga xizmat ko’rsatadigan idoradagi vazifani egallab olgan ekan.
Haydar bir zumda mashinasi bilan atrofni aylantirib, do’konlaru kutubxonalarni ko’rsatib keldi.
Keyin bizga hamqavat bo’lgan uyda sauna, hovuz borligini aytib, qanday ishlatish kerakligini tushuntirdi.
Bu orada Merit kelib qoldi va xuddi o’z farzandini quchoqlab olgandek bag’riga bosdi va “domkom”ga borishimizni aytdi. “Domkom” ham qo’shnimiz ekan. Haydar tarjima qilib turdi, men qog’ozlarga qo’l qo’ydim. Hamma qog’ozlar oldindan to’ldirilib qo’yilgan ekan. Keyin Merit bilan uyga kirdik.
Do’lmaning hidi xonani “ishg’ol qilgandi”. Merit ham bizga qo’shilib, mazza qilib do’lma yer ekan, Leningradda yuz bergan bir voqea yodimga tushdi.
O’shanda Rohila va ikki qizim bilan Leningrad yaqinidagi Luga sanatoriysiga borayotgandik. Leningradda bir xonadonda to’xtadik. Rohila do’lma pishirdi. Oq tunlar payti edi. Yotib yotolmaymiz.
Bir payt mushuk “qitir-qitir” etgani kabi tovush eshitildi:
-Mushuk ovqatni paqqos tushirayapti,-dedim Rohilaga.
Sekin o’rnimizdan turib borib qarasak, uy egalari kostryulkadagi do’lmani yeb bo’lib, ostidagi suviga non botirib “yumaloq yostiq” qilishmoqda.
-Umrimizda birinchi marta bunaqa totli ovqat yedik,-degandi ular.
Xuddi shu gapni Merit ham aytib qoladiyov deb tursam, rostdan ham aynan shunday desa bo’ladimi? O’zbekning meva-chevasi shirinligi uning quyoshli o’lka ekanligida deyishadi. Lekin ovqatlarimizni yegan odam ham labi-lunjini yalab qoladi. Bunday paytda inson qandaydir g’urur tuyadi.
Meritga qarayman, u muzlatgichni to’ldirib qo’ygani va bozorlik qilib kelganidan mamnun. O’zidagi odamiylik fazilatidan g’urur tuyayotgandi…
Bu 1998 yil, mart oyining birinchi ilk kuni… Amerikadagi hayotimizning ham birinchi kuni.
Jahongir Mamatov.
(DAVOMI BOR).
Filed under: Boshqa dunyo |
Leave a Reply