3. Merit
Dunyodan uzilib qoldim. Internet yo’q. Telefon bilan ko’ngilga ravshanlik inmaydi. Istanbulda professor Temur Xo’ja o’g’lidan iltimos qilib, AQShda joylashgan xalqaro tashkilotlarga xat yozdirib olgandim.
Mazmuni shu ediki, bilgan tillarimda biror yumush bo’lsa, ishga olishsa.
Oregonga kelgach bildimki, qancha ko’p tashkilotga “zakaznoy” xat yuborsam, shuncha ko’p pul kerak. Hali ko’zimiz ham, qarashimiz ham turk lirasidan dollarga o’rganmagan. Bir dollarlik ham jigarning parchasi. Shunday paytda hatto xat jo’natish ham og’ir tushar ekan.
Orada “Amerika ovozi”ga telefon qilib turaman. Asli namanganlik bo’lgan va Afg’onistonda yashagan, mana endi amerikalikka aylangan Abdulmannon Keskin hali Turkiyada ekanligimdayoq “Amerikada birov birovga yordam bermaydi, har kim o’z oyog’ida turadi” deb gapning dangalini aytgandi.
Lekin u kishining o’zi hammaga yordam qiladigan odam ekanligini keyinchalik o’rgandim.
Qolaversa, bizga oddiy amerikaliklar chin dildan, beminnat yordam qila boshladilar.
Abdulmannon akadan boshqa telefon qiladigan odamim oz. To’g’rirog’i undan boshqa odam gaplarimni soatlab eshitmaydi.
Darvoqe, jurnalist va rassom Ra’no Habib ham gohida telefon qilardi. Ammo radioga suhbat yozib olish uchun. Bir kuni u:
-Bu yoqlarga kelmasangiz ish topolmaysiz, sohangiz bo’yicha ish faqat shu erda bor,-dedi.
Gapning ochig’i ilgari “Amerika ovozi”ni umuman eshitmasdim. Bir ikki marta “Ozodlik” to’lqinlarini ushlayman deganimda xuddi 13-14-asrdan gapirayotgandek antiqa ovozni eshitib qolgandim. O’zbekcha bo’lib o’zbekcha emas, turkcha bo’lib turkcha emas, forscha bo’lib forscha emas. Lekin Ra’no opa bilan gaplashganda u zamonaviy o’zbek tilida gaplashardi. Shu haqda so’z ochsam׃
-Hech narsa qila olmadim, bu yerda afg’onistonlik o’zbeklar ishlashadi va men ham ularning shevalariga ko’nikib ketdim, agar siz kelsangiz balki o’zgartirishimiz mumkin,-dedi.
Bu radioni balki Afg’onistondagi o’zbeklar uchun ochishgan bo’lishlari ham mumkin deb o’yladim. Chunki ularning o’z shevalarida biror bir nashrlari yo’q. Ona tillarida gapirishga maydon berishmagan. Maktablarda ham boshqa tilda o’qitishadi. Agar Amerika bu tahqirlangan elatdoshlarimizga radio ochib bergan bo’lsa, zo’r ish qilibdi. Nima qipti, men ham ularning shevasini o’rganaman.
Lekin Ra’no opa radio O’zbekiston uchun ochilganini aytdilar.
-O’zbekistonda hech kim eshitmaydiku bu radioni?-dedim.
-Sizga hozir birovning eshitishi emas, birinchi galda ish kerak, oilangizni oyoqqa qo’yishingiz, farzandlaringizni o’qitishingiz lozim. Oregon degani dunyoning narigi chekkasi. Markazga kelishni o’ylang. Ish markaziy joylarda bo’ladi.
Ra’no opaning bu gapi ko’nglimda umid paydo qildi. Lekin ingliz tilini bilmasam radioda qanday ishlayman, degan qo’rquv ham bor edi.
O’zbek bo’limi mudiri Nusratilla Laheeb bilan gaplashsam, u radioda shtat yo’qligini, lekin ingliz tilini oz-moz o’rganib, ariza berib qo’ysam yomon bo’lmasligini aytdi. U O’zbekistonga borib kelgan va uning niyati ham radio tilini bugungi zamonaviy o’zbek tiliga moslash ekan.
AQShda boshliq istasa ham hukumat ishi bo’lgani uchun birovni ishga ololmas ekan. Imtihon topshirish kerak. Buni mutlaqo boshqa odamlar tashkil qiladilar. Demak, ingliz tilini bilmasam, ishga o’ta olmayman.
Darhaqiqat, qaysi mamlakatga bordingizmi, birinchi galda uning tilini o’rganish kerak. Bo’lmasa “uchinchi sort bechora” bo’lib qolasiz. Turkiyaga kelganda ham tezda til o’rganib, ishlarimiz yurishib ketgandi. Xullas, bu yerda ham birinchi maqsad til o’rganish.
Bizni muhojirlar bilan ishlaydigan “IRKO” degan markazga yo’llashgandi. O’sha yerda inglizchaning salom-aligini o’rganishimiz va ular topib bergan ishni olishimiz kerak edi. Ish kutganlarning son-sanog’i yo’q. Agar bitta quruvchilik o’rni topilsa ham bir necha kishi bayram qiladi. Birortasini olishadi-da.
Mening esa kallamning bir joyida emas, ko’p joyida Vashingtonga ketish kerak, degan fikr aylanardi. O’zim bilan o’zim olishib yurakanman, Merit hali unikiga, hali bunikiga mehmonga olib borardi. Bir kuni o’g’lining uyiga taklif qildi. Shahardan tashqarida koshonasi bor ekan.
-O’g’lim qurilish kompaniyasining egasi, bu uylarni uning o’zi quradi,-dedi Merit.
Merit nega yordam berayotganini avvaliga tushunib yetolmadim. Keyin Haydar tushuntirib berdi. U pensiyaga chiqqach, o’zini Xudoning yo’liga, savob ish qilishga bag’ishlabdi. U keksa bo’lsada yosh ko’rinar va bardam edi. Mashina haydashini ko’rib erkaklarning og’izlari lang ochilib qolardi.
Bizni mashinasiga mindirib, o’g’linikiga olib bordi. Hovli to’la odam. “Barbikiyu” pishirish uchun hozirlik avjida.
“Barbikiyu” (Berbecue) Karib orollarida yashagan Taino xalqining tiliga oid so’z ekanligini o’rgandim. Bu so’z ilk bor 15-asrdagi yozuvlarda uchraydi, “muqaddas go’shtning o’rasi” degan ma’noni anaglatadi. Buni o’zbekcha qilib “qo’ra” desak ham bo’ladi. Lekin bugunga kelib bu so’z “qo’ra” ma’nosini emas, balki “kabob”, “shashlik”, olovda pishirilgan go’sht ma’nosini beradi.
Xullas, allaqachon “Barbikiy” pishirish uchun qo’raga olov solingandi. Ichkarida uzun stolning ustiga turli ovqatlar qo’yilgan. Biz umrimizda ko’rmagan taomlar va boshqa yeguliklar shunchalik ko’pki, ta’mini tatib ko’rishga ulgurmaysiz. Zotan ulgurmadik ham. Chunki Merit mehmonxonaning o’rtasiga stol qo’yib, ustiga kompyuter o’rnatibdi. Tirsagimdan tutib kompyuter yoniga olib bordi.
1998 yil, mart… U paytda internetda o’zbekcha saytlar deyarli yo’q edi. O’zbekistonga oid bor yo’g’i bitta sayt bor edi- “Uzreport”. Merit shu saytni topib qo’ygan ekan. Saytdagi xabarlarni o’qiy boshlashim bilan mehmonlar qarsak chalib yuborishdi. Bu qarsaklar Merit uchun edi. U nimaga tashnaligimni bilgani va xursand qilishning yo’lini topgani uchun edi. Darhaqiqat, mehmonni xursand qilish uchun o’zimizda ham yo’qdan bor qilinadi-ku?!
Kimdir Meritni savob uchun ish qiladi, desa, kimdir soliqlarni oz to’lash uchun xayriya ishlarini bajaradi ham derdi.
Haqiqatni bilish uchun qochqinlar masalasini bilish kerak. BMTning Qochqinlar komissarligi odamlarni yerlashtirish uchun turli mamlakatlarga murojaat qiladi. Bunda har bir qochqinning o’sha mamlakatda qarindoshi yoki yurtdoshi bo’lgani yoki o’sha mamlakatning qaysi irqdan, qaysi dindan odam olishga ehtiyoji borligi kabi faktorlar ham inobatga olinadi.
AQSh hukumati har bir qochinni olib kelish va oyoqqa qo’yish uchun kishi boshiga ma’lum miqdorda pul ajratadi. Bu ishni bajarishni nohukumat va diniy tashkilotlar o’z zimmalariga olishgan. Ularning muhojirlar bilan ishlaydigan maxsus boshqarmalari bor.
Masalan, bizga Lyuteran Muhojirlar va qochqinlar xizmati (Lutheran Immigration and Refugee Service) rahnamolik qilgan. Bu xizmat 1939 yilda tuzilgan. Tushunishimcha, bu protestantlarning bir qo’li bo’lgan lyuteran oqimining bizness shoxobchasidir. Maqsadi pul topish. Hukumatdan qochqinlar uchun pul oladi va Xudo yo’liga ish qiladiganlarni qidiradi. Merit kabilar chiqib qoladi. Butun ishni ular bajaradilar, davlatdan kelgan pul esa “baytulmol”ga qoladi.
Hamma diniy idoralar va ko’pgina nohukumat tashkilotlar ham shu yo’sinda ishlaydilar, Muhojirlarga kamroq pul berishga urinishlari ham ana shundan. Tezroq muhojirga bir ish topib bersalar, ko’proq foyda qilgan bo’ladilar. Xudo bahona, maqsad shohona!
Bu tashkilotlar qochqinlarning chipta pullarini ham to’laydi. Lekin keyin undirib oladi. Vaqtida to’lamasa jazolaydi yoki to’lov qobiliyatini belgilaydigan kredit ko’rsatkichlarini pasaytirib qo’yadi. Ba’zi hollarda muhojirni oyoqqa qo’yish o’rniga uning “oyog’ini kesadi”.
Shuning uchun bu tashkilotga hurmatim yuqori bo’lmasada Meritni juda hurmat qilaman. U haqiqiy fidoyi ayol va bizga chin dildan xizmat qildi.
Bir kuni uni qarshimizdagi uyda ko’rib qoldik. Qora terga botib uyni tozalamoqda. O’sha kun yana bir yangi oila kelishi kerak ekan. Rohilani chaqirdim va yordamga bordik.
-Yo’q, men o’zim bajaraman bu ishni, -dedi jiddiy ohangda.
Biz ham unga yordam berishga kelganimizni jiddiy ohangda takrorladik.
Keyin u:
-Savobimga sherik bo’lmoqchimisizlar?- dedi kulimsirab.
Bu rozilik alomati edi. Ishga kirishdik. O’shanda bir uyni tayyorlash uchun qancha zahmat chekish kerakligini angladim. Biz kelmasak u matraslaru divanlar, karavotlaru boshqa jihozlarni bir o’zi tashib kelar va xonalarga joylashtirar ekan. Chunki oddiy ish kuni bo’lgani uchun uning yosh muhojir do’stlari uylarida yo’q. Buning ustiga u bir kor-hol bo’lib qolmasin, deb ularni chaqirmas ekan.
-Bu ham jismoniy harakat, ham ma’naviy barakat,-dedi Merit.
O’sha kun unga kechga qadar ko’malashdik va biz ham qandaydir ma’naviy kuch topgandek bo’ldik.
Jahongir Mamatov
(Davomi bor).
Filed under: Boshqa dunyo |
Judayam qiziqarli. Lekin ilgari ham yozgansiz buni.”Yangilari”dan yo’qmi ?