Jahongir MAMATOV: Quvg’in (2)

Tarixiy roman

IKKINCHI KITOB

 24.”TANGRICHALAR”

Karimov sho’rolar imperatorligining yiqilishiga aslo ishonmasdi. U imperatorlikni baland  devorlar bilan o’rab olingan qal’aga o’xshatardi. Bu qal’aning devori shu qadar baland ediki, uni inson zoti u yoqda tursin, hatto biror bir maxluqning oshib o’tishi amri mahol deb o’ylardi. Na ichkariga kirish va na tashqariga chiqish mumkin. Qal’a ichida yuz berayotgan voqealarni kuzatib turish uchun devor ustiga ming-ming qo’riqchi chiqarilgan. Karimov o’zicha bu qo’riqchilarni “tangrichalar”, qal’a ichidagilarni esa “chumolilar”deb atardi. “Tangrichalar” kunni kun, tunni tun demasdan “chumolilar”ni kuzatib turishar, o’z chizig’idan chiqqanlarni ezg’ilab tashlashardi.

Avvaliga Karimovning orzusi “tangrichalar” safidan o’rin olish edi. Bu orzusiga etgach, ko’rdiki “tangrichalar” tepasida “tangrilari”bor ekan.

Qal’a devorining ustiga chiqqach, imperatorlikning mustahkamligiga yana bir bor ishondi. Karimov “Bu qal’a yiqilishi mumkin”, degan fikrni xayolidan o’tkazishga qo’rqardi. Faqat bir marta “Bu chumolilar qal’a devorlarining ostini o’yib tashlagan bo’lsalar-chi?”degan savol ko’nglidan kechganda, tizzalari titrab, ko’ngli behuzur bo’lgandi. Bu qal’a yiqilsa “tangricha”likdan ayrilish qo’rqusi emas, balki ko’nglidan o’tganini o’zidan yuksakdagi “tangri”lari payqab qolishidan titrash edi.U jumhuriyatga “birinchi” etib tayinlangach, KPSS Markaziy Komitetining Siyosiy Byurosiga a’zo bo’ldi.  O’shanda ilk bor sevinch degan tuyg’uning lazzat sarhadlari bepoyonligini,  g’urur degan kuchning salohiyati hududsiz ekanligini yurakdan his qilgandi.

Hatto Toshkentga qaytarkan, uchoqdan tushishi bilan muxbirlarni yoniga chaqirib “Xalqimga etkazing, men Politbyuroga a’zo bo’ldim. Bu xalqimizning uzoq yillik orzusi edi. Uni amalga oshirish mening gardanimga tushdi. Bu nafaqat men uchun, balki butun xalqimiz uchun yuksak ishonch. Bugun hammamiz uchun katta bayramdir!”degandi.

Lekin Karimov istasa-istamasa qal’a yiqilayotgandi. U jon-jahdi bilan elkasini qal’a devorlariga tirab, uni tutib qolishga urinayotgan kishilardan biriga aylandi. Qal’ani saqlab qolish uchun har turli yo’l qidirayotgan kunlarida jumhuriyatda ham qal’a devorining ostini “o’yayotganlar” ko’payib qoldi. Karimov bu ishning boshida turganlar bilan “odamga o’xshab” gaplashib qo’ymoqchi bo’ldi. Avval Iso Xolisni chaqirdi.

-Uka, siz mashhur odamsiz, -dedi unga. -Sizning har bir qadamingizni kuzatib, ko’rib turibman. Ayniqsa paxta monopoliyasi, oilani rejalashtirish, Orolni qutqarish borasidagi nutqlaringiz meni hayajonlantirdi. Har kim ham o’z xalqi dardini bu qadar jasorat bilan o’rtaga olib chiqolmaydi. Bugun bu ishni siz boshladingiz.

-Bugun emas, buni bir necha yil oldin boshlaganmiz. Bundan olti yil burun Polityuroga shikoyat maktubi yo’llab, xalqimizning dardini ifoda etganmiz.

-Lekin bu dard shikoyat bilan malham topmaydi. Uning malhami aql, idrok, kuch va intizom, -dedi Karimov Iso Xolisga uzoq gapirish uchun izn bermay. Siz namoyishlarni to’xtating, men esa ertaga ish boshlaydigan sessiyada til masalasini ko’tarib chiqay. Bilasiz, man yangiman, parlamentda esa kuch eskicha fikrlovchi kishilarning qo’lida. Buning ustiga rus tilida gapiruvchilarni ham hurmat kilishimiz kerak. So’z beraman, o’z tilimizni davlat tili deb e’lon qilish uchun butun kuchimni ishga solaman. Siz esa bunga javoban namoyishlarni to’xtatasiz…

Iso Xolis mamnun qiyofada chiqib ketarkan, Karimov Shavkat Temurni chaqirdi.

-Sizni ancha cho’rtkesar odam deyishardi. Lekin ko’rinishdan yumshoq kishiga o’xshayapsiz, -dedi Karimov Shavkat Temurga. -Bugun namoyishlarda o’rtaga otilayotgan shiorlar bilan men bajarmoqchi bo’lgan orzularning hech qanday farqi yo’q.

-Unday bo’lsa nima sababdan namoyishga chiqqanlarni kaltaklayapsiz,  qamoqqa tashlayapsiz, ta’qib etayapsiz?

-Siz meni so’roq qilishga keldingizmi? -Karimovning jahli chiqdi. O’rnidan turib xonada u yoqdan bu yoqqa ikki uch marta borib keldi-da oyna yonida to’xtab tashqariga termuldi. Shahar markazidan oqib o’tadigan ariqning sohillaridagi majnuntol daraxtlari ostida odamlar o’tirishganini ko’rib qoldi. “Bularning ishi yo’qmi?” deb o’yladi. Kuppa kunduz kuni bu erda nima qilishadi? Balki talabalardir? Talaba bo’lsa, darsiga borsin! Balki oshiq-ma’shuqlardir? Nima, bu yer ularga sevgi xiyobonimi? Aslida bu binoning atrofini o’rab olishim, sohil bo’ylarini tartibga keltirishim kerak. Binoni temir panjara bilan o’rab olishni tezlashtirmasam, mana bular bostirib kelishdan ham qaytishmaydi. Qaysi kun askarlikda o’lgan bolaning tobutini shu erdan olib o’tishdi. Mana bu ham ularning orasida edi. Yangi do’ppi kiyib tobutning oldida borayotgandi. O’zlaricha namoyish, isyon qilishga urinishdi. Lekin bir imo qilgandim mirshablar kavushlarini to’g’rilab qo’ydi. Ayb bizda emas, ayb yuqorida. Yuqoridagilar jilovni bo’shatib yuborishdi. Butun mamlakatni ana shundaylarning qo’liga berib qo’yib majlisxonaga aylantirishdi. Mana endi menday odam ham uning bema’ni savollari qarshisida qolishga majburman. Hozirning o’zidayoq uni bu erdan quvib chiqarishim mumkin. Hatto qamab qo’yishim ham hech gap emas. Yoki qo’l oyog’ini bog’latib, soyga otib yuborsam ham guldur gup! Gum bo’lib ketadi. Lekin yuqori ularni qo’llayapti. Ba’zilar bularni yuqorining o’zi tashkillashtirgan demoqdalar. Shuning uchunmikan yuqoridan ularga tegmanglar, deyishyapti. Xo’sh, nima qilish kerak? Ularning majlisini tomosha qilish bilan kun o’tkazamanmi?

Darvoqe, nega bularni ayri-ayri chaqirdim, nega har ikkalasi bilan birdaniga suhbat qilmadim?  Yo’q, u holda bir-birining oldida o’zlarini ko’rsatib qo’yish uchun mening yoqamga yopishishardi. Ha-ya, dushmaningni parchala, keyin yo’q qil, degan gapni kim aytgan ekan? Bular bilan teng kelib o’tiramanmi? O’zlarini o’zlariga ediraman! Men chetda qolib tomosha qilaman, bular esa bir-birlarining yuzlarini yulishadi. Ha, bugun bir tovoqdan osh egan birodarlarni ertaga qon qasos dushmanga aylantiraman. Mening sovunimda kir yuvish qandayligini ko’rib qo’yishsin. Bir umr dushman bo’lishadi, hatto avlod-ajdodlariga qadar singadi bu dushmanlik. Ammo xato qilmasligim kerak. Narigisini aldash oson, istagan joyidan qarmoqqa ilintirish mumkin. Lekin buni-chi? Buni ham o’yinga keltirishning yo’lini topaman.

Karimov o’rniga kelib o’tirdi-da, yumshagan ohangda Shavkat Temurga gapira boshladi:

-Oldimizda saylov bor. Sizlarga bitta o’rin ajratdik. Sizning nomzodingiz uchun.

Shavkat Temur xuddi egasining qo’lida suyak ko’rgan itdek tamshanib qoldi. Karimov bundan foydalanib, asosiy gapni aytdi.

-Ammo Iso Xolis qarshi bo’ldi. Faqat sizdan iltimos bu suhbatimizni undan uzoq tutsangiz.

Shavkat Temur sevinchli ko’zlarini o’ynatib, boshini likillatdi. Karimov undan nafrat qildi. Juda oson sotiladigan turidan ekan. Bundaylarga bir narsa berib ham mazza qilmaysan. Uni quruq gap bilan bozorga solaman. Ana unga qarshi shunday o’ynatamanki, tarix bunaqa tomoshani juda uzoq eslaydi. Buning ikki qulog’ini kesib qo’yaman. Quturib qoladi. “Fas” dedimmi bosadi. Butun umrini shunga sarflatman. Buning uchun uni avval vatanparvar, millatchi qilib ko’rsatishim kerak. Buni Melkumovga topshirsam o’zi boplaydi.

25. PARCHALASH

Karimov KGB raisi Melkumov va ikkinchi kotib Anishchevni chaqirdi. Ularning har ikkalasi ham yuqorining odami. Bu ish bilan ularni sinab ko’rmoqchi bo’ldi. Agar bajara olmasalar, bir bahonasini topib, quyruqlariga supurgi bog’lashga, bajarsalar bundan keyin birga ishlashga qaror qiladi. Nima bo’lganda ham Siyosiy kengashning a’zosi bo’ldi. Endi bularning gapi emas, o’zining gapi o’tadi.

-Sizlarga mamlakat boshlig’i Mixail Sergeevichning talabini etkazib qo’ymoqchiman. U kishi bizdan demokratiya, oshkoralikni istayaptilar, erkin va ozod saylovlar o’tkazishimizni, muxolifatni qo’llab-quvvatlashimizni so’rayaptilar. Demak, biz ko’cha-ko’yda to’polon qilgan odamlarni muxolifat, deya hurmat qilishimiz kerak emas. Bizning vazifamiz muxolifatni ham o’zimiz etishtirish, konstruktiv muxolifat tayyorlashdir. Ko’cha-ko’yda janjal qilayotganlar esa atroflariga dor ostidan qochganlarni to’plab, tobora katta kuchga aylanmoqdalar. Bu esa mamlakat xavfsizligiga putur etkazadi. Parkentda, Bo’kada, vodiyda yuz bergan voqealarning tutuni hali so’ngan emas. Xo’sh, gapni qisqa qilaylik, qanday takliflar bor?!

Melkumov,”Siz mendan yuqoridasiz, oldin siz gapiring, degandek ko’z qiri bilan ikkinchi kotibga qaradi. Ikkinchi kotib “Hali ham men turganda sen gapirarmiding” degandek so’zlarini dona-dona qilib o’zidan so’ng xavfsizlik qo’mitasi raisiga biror gap aytish uchun bo’shliq qoldirmaslikka urindi:

-Hurmatli Islom Abdug’anievich, bizga muhlat bering, bu xususdagi takliflarimizni tayyorlab kelaylik.

Karimov o’ylab turdi-da:

-Men Plenumga hozirgarlik haqida gapirayotganim yo’q. Qarshimizdagi to’dani nima qilamiz, deyapman?

Ikkinchi kotibni bu mushkul ahvoldan qutqarish uchun KGB raisi suhbatga aralashdi:

-Parchalab tashlaymiz…

Parchalab tashlaymiz! Buni qaysi ma’noda aytdi, ekan, deb o’yladi Karimov. Kuch bilan bostirib, tor-mor qilishni nazarda tutdimi yoki mening fikrlarimni uqib oldimi? Agar men o’ylaganlarimni o’ylayotgan bo’lsa, u holda masalani boshqa kunga qoldirishim kerak. Chunki tashabbus undan emas, mendan chiqishi lozim. Aks taqdirda Karimov mening yo’limga yuryapti, deb hovliqib ketadi.

-Fikringizni ochiqrok ayting, -dedi Karimov KGB raisiga.

-Hammasining ro’yxati qo’limizda bor. Bundan keyin bir erga to’planishlariga izn bermaymiz. Ta’qibni kuchaytiramiz. Har bir qadamlari nazorat ostida bo’ladi. Bu ishni bajarish uchun yana besh ming kishini ishga olishimiz kerak. Takliflarimizni hurmatli ikkinchi kotib bilan Sizdan oldingi rahbarga bergandik. Lekin e’tiborsiz qoldi.

-Yaxshi, takliflarni ko’rib chiqamiz,-dedi Karimov.-Hozir haqiqatdan ham parchalab tashlash kerak. Lekin siz aytgan uslubning zamoni o’tdi. Bu yo’l bilan ularni kuchlantiramiz. Bugun aql bilan ish ko’radigan payt. Hozir muxolifatning ichida bir necha kishi liderlikka da’vogar. Bizning vazifamiz ularni bir-birlariga qarshi qo’yishdir. Xo’sh, aytingchi, muxolifatning ichida necha foizi sizning odamingiz?

-Aniq aytishim qiyin.

-Aniq aytsam Olmoniyada har uchinchi odam xavfsizlik xizmatiga ishlagani fosh bo’lganidek faoliyatimiz ochilib qoladi, deb qo’rqayapsizmi yoki mendan sir saqlayapsizmi?

-Aslo, aslo,-deya suhbatga aralashdi ikkinchi kotib.

-Men iloji boricha muxolifat ichiga ko’p odam suqmang, bir joyda sirimiz ochilsa, olamga sharmanda bo’lamiz, deya topshiriq bergandim. Shu sababdan bu xususda biroz istihola qilayaptilar.

Bundan keyin Melkumovni qo’lga olishim kerak, deb o’yladi Karimov. Umuman kuch vazirliklarini ikkinchi kotibning qo’lidan chiqarmog’im va o’zimga tobe qilmog’im lozim. Bu ishlarda uchinchi kishi ortiqcha. Buni qanday qilib amalga oshirsam? Nazarimda ba’zi jumhuriyatlarda Prezident vazifasi tashkil etilib to’g’ri qilinayapti. Men ham shu yo’ldan borsam, butun kuchni bir qo’lda jamlayman. Hozircha eski parlamentning oxirgi sessiyasini eson-omon o’tkazishim, keyin esa yangi saylovni tayinlashim kerak. Xudo xohlasa, yangi parlamentda birinchi bo’lib Prezident vazifasini joriy ettiraman. Ana undan keyin mana bularning xurjunini elkasiga osib, orqasiga tepaman. Bir o’q bilan ikki quyonni uraman. Ham xalqqa “Sizning talabingiz bilan bularni quvdim”, deyman, ham ularning o’rniga o’z odamlarimni olib kelaman. Ammo bular fitnaga usta. Hayotini boshlabdi-ki, fitna girdobida suzishadi. Menga qarshi ham qancha-qancha fitnalarning rejasini tuzgan bo’lishlari mumkin.

-O’zlarini milliy harakat deb atayotganlarning ichidagi liderlarni xo’rozdek urushtirishimiz kerak. Buni fitna deysizmi, hiyla deysizmi, men uchun farqi yo’q, -dedi Karimov.-Men uchun muhimi mamlakatni qutqarib qolishdir. Istasangiz aldang, istasangiz mansab va’da qiling, istasangiz qarmoqqa ilintiring, bajara olmasangiz mening oldimga olib keling. Hozircha esa Iso Xolisni biz ko’rsatadigan nomzodlar ro’yxatiga kiriting. Uning nomzodi qarshisida boshqa ism ko’rmayin. Shavkat Temurni esa uzoq tuting. Kerak bo’lsa, Parkent janjalidagi baqiriq-chaqiriqlari uchun tergovga tortamiz. Barcha viloyatlar tumanlarida majlislar o’tkazib, Farg’ona voqealarida muxolifatni qon to’kilishiga sababchi qilib xalqqa tushuntiring.

Karimov har kun ertalab va oqshom hisob berib turishlarini aytib ularni chiqarib yuborar ekan, Oliy Kengash raisi Ibrohimovga sim qoqdi:

-Bugunoq rayosatni to’plang, ko’cha namoyishlari va mitinglari haqidagi oldingi qarorlarni ko’rib chiqing, iloji boricha har qanday namoyishni taqiqlash chorasini ko’ring. Ammo bu ishlar demokratiya, oshkoralik ramkasida bo’lsin. Ya’ni demokratiya va oshkoralikni himoya qilish uchun buzg’unchilik qilayotganlarning yo’lini to’sing. Qaror tayyor bo’lsa, ustidan ko’rib beraman, -dedi.

Karimov shundan keyin ertaga ish boshlaydigan sessiyaga tayyorgarlik ko’ra boshladi. Fikrlarini yon daftarchasiga qayd etarkan ba’zi masalalarni Moskva bilan kelishib olishga qaror qildi. Kremlga telefon qilib, Mixail Sergeevich bilan maslahatlashib oladigan masalalar chiqqanini aytdi. Bir necha daqiqadan keyin uni Gorbachyov bilan bog’lashdi. U o’rnidan turib gaplasha boshladi:

-Hozir Markaziy Komitet byurosining favqulodda majlisini o’tkazayapmiz. Ertaga muxolifat bir million kishini ko’chalarga, maydonlarga olib chiqmoqchi.

-Nima talabi bor ekan? Liderlari bilan gaplashmadingizmi?-deb so’radi Mixail Sergeevich.

-Gaplashdik. Talablari bitta. U ham bo’lsa “Ona tilimizga davlat tili maqomi berilsin”, deyishmokda.

-Buning qo’rqadigan joyi yo’q.

-Lekin davlat tili-rasmiy tilimiz bor, qanday qilib boshqa tilga ham shunday maqom berishimiz mumkin?

-U boshqa til emas, sizning ona tilingiz. Menimcha muxolifatning talabini qondirmoq kerak.

-Rahmat sizga! Oldimizda katta yo’l ochdingiz. Ammo bu harakatimizdan rus tilida gaplashadigan do’stlarimiz norozidirlar. Mana majlisda ikkinchi kotib va KGB raisi norozi ekanliklarini aytayaptilar. Ularga quloq solmasdan ilojim yo’q.

-Ularga quloq soladigan bo’lsangiz, meni nega bezovta qilayapsiz?

-O’rinbosaringiz janob Ligachyov suhbatdan o’tayotganimda “Ikkinchi kotib va KGB raisining maslahatlariga quloq tutasiz”, degandi.

-Hozir har kun, har soatda shartlar o’zgarmoqda. Muxolifat siz bilan qo’shib ularni ham supurib tashlashini mening nomimdan o’zlariga etkazib qo’ying. Mahalliy sharoitni va milliy masalalarni yaxshiroq o’rganishsin. Muxolifatning talabini esa erta ertalabki plenumda muhokama qiling, undan keyin parlamentga olib chiqib, muzokaraga qo’ying. Demokratiya, qayta qurish, oshkoralik va fikr o’zgarishi bu bizning bosh yo’limizdir…

Telefonning naryog’idagi rahbar xuddi kitob o’qiyotgandek tinimsiz gapirarkan, Karimov telefon dastasini qulog’idan uzoqlashtirib, yuzini bujmaytirgancha kutib turdi. Yuzi bujmaygan bo’lsa-da, qalbida farah va sevinch bor edi. Chunki birdaniga ikki masalani hal qilgandi:

Birinchidan, muxolifat bayroq qilib ko’targan masalani o’z qo’li bilan hal qiladigan va xalqning oldiga chiqib, ko’kragiga urib maqtanadigan imkoniyat paydo bo’ldi.

Ikkinchidan esa, jumhuriyatning jilovlarini tutib turgan ikki kishining shashtini sindirdi. Endi ular bilan qanday gaplashib qo’yishni biladi.

U suhbatdan keyin bir-ikki daqiqa o’rindiqqa yastandi-da, so’ng KGB raisiga telefon qildi:

-Hozir menga Moskvadan mamlakatimiz rahbarining o’zlari telefon qildilar. Idorangiz yaxshi ishlamayotganini alohida ta’kidladilar. Men esa sizni himoya qildim. Shunga munosib bo’ling. Muxolifatni qanday qilib ikki, uchga bo’lib yuborish haqidagi aniq rejalaringizni olib keling!

26. ANISHCHEV

Karimov ikkinchi kotibni chaqirdi. Lekin uning hozirgina chiqib ketganini aytishdi. Ikkinchi kotibni Xavfsizlik qo’mitasi raisi choyga chaqirgandi. Ular choy bahonasida yozib olingan telefon suhbatlarni tinglardilar.

-Yondik, -dedi qo’mita raisi, magnitofon tugmasiga bosarkan.

Karimov bilan mamlakat rahbarining suhbatini tinglagan ikkinchi kotib o’rnidan sapchib turdi-da: “Hoziroq raport tayyorlang, bu o’yinni fosh qilamiz,”-dedi.

-Qanday qilib fosh qilamiz? -dedi qo’mita raisi. -Axir qo’limizda dalil yo’q-ku.

-Bu-chi? -so’radi ikkinchi kotib.

-Bu faqat siz va men uchun. Siz eshitarkan ayni paytda men bu suhbatni lentadan o’chirdim. Agar bilib qolishsa, boshimiz ketadi.

-Unda nima qilamiz? -dedi ikkinchi kotib.

-Karimovga astoydil xizmat qilib, ishonchini oqlashimiz qiyin. Uning jiddiy xatolarini topib, yuqorini xabardor qilishimiz kerak.

Melkumov Karimovga astoydil xizmat qilishimiz kerak, demoqchi edi, lekin bu “vazifa”ni o’ziga qoldirib, ikkinchi kotibni Karimovga qarshi qo’ymoqchi bo’ldi. Ha, u faqat muxolifatning orasini emas, balki boshqalarning orasini buzishni ham odat qilgandi. Karimov bugun unga muxolifatni bo’lib yuborish topshirig’ini berdi. U esa bu ishning asosini bitirib qo’ygan edi. Faqat muxolifat liderlari o’rtasidagi devorlarga yashirilgan portlatgichlarning ipini yoqib yuborishi qolgandi. Buni Karimovga aytmadi. Mana endi Karimov undan shoshilinch tadbir so’rayapti. Ikki-uch kunda tadbir natijasini bilan ma’lum qilsa, Karimov uning qadriga etmaganiga pushaymon bo’ladi. Joyi kelsa yuqorini yana o’zi yumshatadi. Bular shunaqa, bugun olov, ertaga suv…

-Karimov ikkinchini qidirayapti, -degan ovoz eshitildi radio uzatgichdan. Anishchev sapchib tushdi. Darrov o’rnidan turdi.

Melkumov Anishchevni har doim Milliy xavfsizlik qo’mitasining erto’lasida kuzatib qolardi. Anishchev “choyga”kelarkan, Melkumov unga maxsus mashinalardan birini yuborardi. Ular kelishib olganlaridek, Anishchev Bosh univermagning yonida o’ziga ajratilgan xizmat mashinasidan tushib, Melkumov yuborgan qora “Volga”ga minardi. Melkumovning mashinasi KGB binosiga kirishda tekshirishga tobe bo’lmagani va ikkinchining qatnovi ochilib qolmasligi uchun shunday qilishardi. Mashina erto’laga qadar kirib kelardi va bu erda qo’mita raisi “mehmon”ni kutib olardi. Bu “o’yinni” yillar davomida bajarishgani uchun odat tusiga kirgandi.

Man endi Anishchev navbatchi mashinaga minarkan, Melkumovning qulog’iga pichirladi: “Hoynahoy mening suhbatlarimni ham eshitsang kerak”.

Melkumov ranjigan qiyofada “Sizga o’zimdan ziyod ishonaman. Soyangizda ishlab yuribman. Ana uning qonini qonimizga qo’shib qaynatsa ham aralashmaydi. Nazoratda tutmasak, saroyni Buxoro amirining haramiga aylantirib yuboradi,”-dedi.

Anishchev yana bir nima demoqchi bo’lgandek, bo’ynini cho’zdi. Buni payqagan Melkumov egilgancha quloqlarini ikkinchi kotibning og’ziga yaqinlashtirdi.

-Erta oqshomga saunani tayyorlab qo’y. Sessiyadan keyin mehmonim bor-, deya jilmaydi u. Melkumov: “Amringiz biz uchun qonun” degandek qo’lini ko’ksiga qo’ydi-da, Anishchevga ikkita “Ish papkasi”ni uzatdi.

-Bo’sh vaqtingizda bularga nazar solib qo’yarsiz, -dedi.

Har ikki “Ish papkasi”ham qizil bo’lib, ustiga “Asosiy nusxasi birinchi seyfda. Mutlaqo maxfiy”, deb yozilgan edi.

Ikkinchi kotib mashinalar almashguniga qadar ham sabr qilmasdan “Ish papka”laridan birini ochdi:

“Iso Xolis(Saparali Hamdamov)ga oid muhim ma’lumotlar: 1948 yil tug’ilgan. Ikki marta uylangan. Birinchi umr yo’ldoshi uch farzandi bilan ayri yashaydi. Ikkinchisi mahalliy millatdan bo’lmagani uchun bu xususda har turli mish-mishlar tarqatish mumkin. Shu kecha kunduzda eng nozik joyi uy masalasidir. Ikkita yoxud uchta uyga ehtiyoji bor. Qazilma buyumlarini yaxshi ko’radi va to’playdi. Piyoda yurishni sevmaydi. Avtobusga minishdan hazar qiladi. Shu bois mashina ham berish mumkin. Birga o’qigan yaqin do’stlaridan ikki nafari bizning odam. Ammo yaqinda ulardan birini do’pposlagan. Shu bois uni qarshi qo’yish mumkin. Ziyofatni, kayf-safoni sevadi. Biz yuborgan qizlarning birortasidan ham shubha qilgani yo’q.

Liderlik qobiliyatiga ega emas. Biror joyda muqim ishlagani yo’q. Ishlagan joylaridan mas’uliyatsizligi uchun haydalgan. Familiyasini yozsangiz yoki familiyasi bilan chaqirsangiz “G’ururim toptaldi ” deb hisoblaydi. Bu haqda maqolalar uyushtirish mumkin.

Yaxshi kiyinishi, majlislarda o’zini ko’rsatib qo’yishni bilgani uchun bir guruh yoshlar uning orqasidan ergashgan. Uni yaxshi taniganlar esa darhol uzoqlashgan.

Jahli burnining uchida. Uni qizdirish juda oson. Eng yomon ko’rgan odamiga o’xshatsangiz yoki liderlik qobiliyati yo’qligini yuziga solsangiz duelga ham chiqishga tayyor bo’ladi. Boshqalarning fikri bilan hisoblashmaydi. O’zining bilganidan qolmaydi. Uni aldash oson, mish-mishlarni, “dedi-dedi”larni yaxshi ko’radi.

Umr yo’ldoshiga juda ham bog’liq. U chizgan chiziqdan chiqmaydi. Buni boshqalarga bildirmaslikka urinadi. Shu sababdan o’zgalar oldida oila a’zolariga qo’pollik qiladi. Kelajakda oilaviy hayotini ham fosh qilish mumkin.

Pulni sevadi. Keraksiz joyga xirmon sovurgandek pul sochadi. Kerakli joyga qolganda esa har qanday xasisga ham dars beradi. Keyingi paytda chet elliklar bilan yaqin aloqa qila boshladi. Ba’zilaridan yordam ham oldi. Filmga tushirganmiz. Hasadgo’y. Boshqalarni mensimaydi. Doktorlarning bizga taqdim etgan hujjatlarga ko’ra, paranoya xastaligiga duchor. Agar rahbarlik jilovi qo’liga tegsa, ashaddiy diktatorga aylanadi. Juda tez o’zgaruvchan. Bugun aytgan fikridan ertaga osonlik bilan qaytadi. Ammo birovni dushman deb bilsa, bu fikridan hech qachon qaytmaydi.

Xayolparast. Har bir kichik ishini katta qilib ko’rsatishga urinadi. Hozir atrofini o’rab olganmiz. Qayoqqa boshlasak, o’sha yoqqa yuradi… “

Ikkinchi kotib mashinani “almashtirarkan” ish papkalarini qo’ltig’iga yashirdi. O’ziga ajratilgan xizmat mashinasiga mingach ularni qayta varaqlay boshladi. Lekin xayollari “ko’cha kezardi”. Balki mana shu shofer ham ularning odamidir, deb o’yladi. Balki, bu ham men haqimda ana shunday narsalar yozib berar. Balki, ilgaridan bir necha papkalar to’lgandir? Yo’q, xavfsizlik qo’mitasi qarorlarimizga rioya qiladi. Partiyamiz rahbarlari haqida biror bir hujjat to’planishi mumkin emas. Agar shunday hol yuz bersa va u o’rtaga chiqib qolsa, hammasining boshi ketadi.

Ammo bularga ishonish qiyin. O’z manfaatlari uchun hech narsadan chekinishmaydi. Karimovning suhbatini yozib olibdi-yu menikini yozmaydimi? O’chirib tashladim, deganiga ishonadigan ahmoq bormi? Birok mendan qo’rqadi. Ikki yildan buyon birgamiz. Haftada bir saunaga boramiz. Bugunga qadar biror joyda hidi chiqmadi. O’zining ham gunohlari menikidan kam emas. Menga o’n sakkiz yoshli qiz topsa, o’ziga o’n etti yoshlisini topadi. Uning dushmanlari yo’qmi? Balki uning orqasidan kuzatadiganlar bordir? Ikki yildan buyon bir qancha ish papkalarini to’lg’azib qo’yishgandir, balki? Ertangi saunani bekor qilsammi? Yo’q, la’nat shaytonga, unga ishonmasam kimga ishonaman? U bilan nima ishlar qilmadik? Vodiydagi voqealar rejasini ikkalamiz o’tirib tuzmadik-mi?

Xullas, hammasiga sherikmiz! Aslida nega undan cho’chiy boshladim? Nazarimda Karimov bizning oramizga ham soya tashladi. Uning nomzodini o’zimiz ko’rsatdik. Lekin o’zimizga balo bo’ladiganga o’xshaydi. Ilgari viloyatda ishlaganida sovg’a-salom berib turardi. Endi o’sha sovg’alarni burnimizdan sug’urib oladi-yov?! Moskvadagi rahbarimiz latta bo’lmaganda-ku, buni boplardik. Ha, bo’pti nimalar haqida o’ylayapman o’zi?

U xayol surib borarkan beixtiyor ikkinchi “Ish papkasi”ni ochib, uning ilk sahifasini o’qiyotgan edi:

“Shavkat Temur. (Sh. Temurov ) 1945 yil tug’ilgan. Ikki marta uylangan. Birinchi xotini bilan ajrlagan.

Ish yerida rahbari bilan orasi ochiq. Rahbari millatchi edi, shuning qo’li bilan yer tishlatdik.

Uning Moskvadagi idoramiz bilan aloqasi bor. Ammo jilovini bizga berishmayati. U qo’rqmay chet elliklar bilan tez-tez uchrasha boshladi. Topshiriq bizdan emas, Markazdan bo’lishi mumkin. Ulardan ochiqchasiga yordam ham olmoqda. Siyosiy faoliyat bilan birga ingliz tilini ham o’rganmokda. Bu esa uning chet elliklar bilan to’g’ridan-to’g’ri aloqa qilish niyati borligini yoki kelgusida undan boshqa niyatlarda foydalanish rejasi borligini ko’rsatadi. Lekin ikki ukasi va akasi bizning hisobda.

Jahlini chiqarish oson. O’jar. O’z fikrini boshqalarnikidan ustun qo’yadi. Atrofiga o’z odamlarini to’plashga harakat qiladi. Majlislarga qarindosh-urug’larini boshlab kelishga usta.

Boshqa jumhuriyatlardagi harakat liderlari bilan aloqa o’rnatgan. Tog’asi hukumatga yaqin odam. Undan foydalanish mumkin. Aka-ukalarini rahbarlik ishlariga tortib, jilovlab qo’yish mumkin.

Janjalchi. Boshqa liderlar bilan orasiini buzib qo’yish uchun bu fe’lidan foydalanish mumkin.

Rahbar bo’lishni, rahbarlik qilishni yaxshi ko’radi va juda istaydi. Ammo quruq nazariyaga bog’lanib qolgan.

Boshlagan ishini yarim yo’lda tashlamaydi. Raqibining kichik bir xatosini ko’rsa, undan ustalik bilan foydalanadi.

Poytaxt mafiyasiga aloqasi bor.

Diniy idoraning sobiq rahbarlari bilan aloqa o’rnatgan. Muftini qo’zg’olon yo’li bilan yiqitish uchun ish olib bormokda. O’zi dindan uzoq. Aroq ichadi. Dindorlar ichidagi odamlarimiz orqali “Namoz o’qimaydi, ichkilikni sevadi, Islomga qarshi” deya har qanday minbardan quvish imkoniyatimiz bor. Lekin Markaz bunga yo’l bermasligi mumkin.

Amerikada yashayotgan “vatan xoinlari” bilan aloqa o’rnatgan. Ular Iso Xolis orqali unga kompyuter yubordilar. Bu kompyuter Markaziy razvedka boshqarmasiga oid bo’lishi ham mumkin. O’rganayapmiz.

Shantajchi. Odamlarimiz u bilan ro’baro’ kelganda, bu narsaga alohida e’tibor berishlarini talab qilayapmiz…

Uning masalasini Markaz bilan gaplashib olish kerak. Bizning so’rovlarni Markaz inkor etmoqda.  Markazkom rahbariyati nomidan Moskvaga murojaat qilish taklifimiz hali ham o’z kuchida… “

Ikkinchi kotibning mashinasi saroyga etib kelgani uchun u “Ish papkasi”ni yana yopib qo’yishga majbur bo’ldi. Ichkariga kirarkan bekchi-mirshab:

-Sizni “Birinchi” qidirayaptilar, -dedi.

-Bilaman, -dedi-da ochiq turgan liftga minib, tugmani bosdi. Uning xonasi ham oltinchi qavatda edi. Binoning bir tarafida Karimov o’tirsa, ikkinchi tarafida u joylashgandi. Bu holni tarozining pallasiga o’xshatishardi. Ammo “tarozining” ikkinchi kotib o’tirgan tomoni og’ir bosardi.

Hatto “birinchilar”lar ikkinchi kotibni yonlariga chaqirishga istihola qilib, o’zlari uning huzuriga kelishardi. Mana endi shartlar o’zgardi. Lekin darhol chekinmaslik kerak, deb o’yladi ikkinchi kotib. Hozir to’g’ri uning xonasiga bormayman. Qo’limdagilarni ko’rib qolishi mumkin. Umuman u mening KGBga borganimni qaerdan bildi? Yoki orqamga “dum” bog’ladimi?

Balki Melkumov ikki tomonga ishlay boshlagandir? Bundan oldingi ikkita rahbar-Usmonxo’jaev va Nishonovlarning shoxini sindirdim. Birini kamoqqa tiqdirdim, ikkinchisini esa surgun qildirdim. Nahotki bundan qo’rqaman? Hali kechagina huzurimga kelib ko’z yoshi qilgandi. Agar men qo’llamasam bu joyni tushida ham ko’rmasdi. Lekin nonko’rlik qilayapti. Hozirdanoq jiqqa musht bo’lsak, men yutqazaman. Chunki yuqori kecha yuborgan odamini bugun almashtirmaydi. Shu bois chidashim kerak. Bugungi g’irromligini esa javobsiz qoldirmayman.

U liftdan tushib, xonasi tomon yurmoqchi bo’lgandi Karimovning yordamchisi Kraynov uning yo’lini to’sdi:

-Yong’in! Dunyoga o’t ketdi, -dedi u. -Karimov sizni qidirish uchun hammani oyoqqa turg’azdilar.

-Men xonamga kirib chiqay, so’ng ko’rishaman.

-U kishiga liftga minganingizni aytdik, eshik ochiq, kutayaptilar, iltimos, yong’inni so’ndirib bering!

Anishchev noiloj qoldi. Chapga qayrilib, Karimovning xonasiga kirdi. Uning avzoyi buzuq. Bosh egib stolni chertib o’tirardi:

-Ikkinchi kotibning KGBga borishi qaerdan chiqdi?! Yoki davlat to’ntarishi hozirlayapsizmi? Nima gap o’zi?

Anishchev shoshib qoldi:

-Topshirig’ingiz bo’yicha borgandim. Mana bularni shaxsan o’zim olib keldim. Yuqorining topshirig’i bilan milliy harakat liderlarining “Ish papka”lari birinchi seyfga tushgandi. Uni ochish uchun Melkumov bilan ikkalamiz imzo qo’yishimiz kerak ekan. Chunki sizning topshirig’ingiz ham juda muhim edi. Nusxa ko’chirdik, mana…

Ikkinchi kotib bunday sharoitlarga oz tushgan bo’lsa-da ustalik bilan qutulib ketish uchun albatta yo’l topardi. Ba’zan bu fikr menga qayoqdan kelib qoldi, deb o’zi o’ziga qoyil qolardi. Shu lahzada ham Karimovni qiyin ahvolga tushirdi. Unga bu vaziyatdan chiqish uchun imkon bermaslikka urinib so’zida davom etdi:

-Yo’lda mashinani to’xtatishimga to’g’ri keldi. Moskvadan telefon qilib, hozir o’tkazilayotgan majlisning kun tartibini so’radilar.

-Kim so’radi, qanaqa majlis?

-Tashkiliy bo’limdan so’rashdi. Siz mamlakat rahbari bilan gaplashayotganda bo’lim mudiri uning yonida ekan, ba’zi narsalarga qiziqdi. Tushuntirib berdim.

Ikkinchi kotib Karimovga birin-ketin zarba urayotgandi. Karimov ringda tentirab qolgan bokschidek muvozanatini yo’qotdi.

-O’tiring, o’tiring. Hozir choy buyuraman …

-Rahmat, men qahva ichaman, -dedi ikkinchi kotib.

-Darvoqe, nimani so’rashdi? -Yumshoq ohangda so’radi Karimov.

-Davlat tili haqidagi qonun loyihasiga kiritilgan o’zgartirishlarni.

-Qaysi o’zgartirishlarni?

-Markaziy qo’mita qonun qabul qilingach, uning ba’zi bandlarini bir necha yildan keyin kuchga kiritish taklifini ilgari surdi. Masalan, mahalliy tilni bilmaydiganlar uchun bu qonun besh yildan keyin kuchga kiradi.

Karimov o’ylanib qoldi. Besh yilda bu tilni o’rgana olamanmi? Gapirish-ku gapirish, hatto o’qishim ham qiyin. Kecha bir sahifani ikki soatda arang o’qib chiqdim. Yaxshiyamki Jo’rabekov tilni bilar ekan. Hatto u ham ba’zi kalimalarni tushunmadi. Biz bo’lsak butun davlat ishlarini ana shu tilda yuritmoqchimiz. To’xtab tur, qonun degani hayot emas-ku. Hayot boshqa, qonun boshqa. Qog’ozdagi narsa-qog’ozning mulki. Agar shu buzg’unchilar istayotgan bo’lsalar, qog’ozga yozib qo’yaveramiz. Uni bajarish, bajarmaslik o’z qo’limizda. Bir kun kelib tilni yaxshi o’rganib olsam, balki bu qonunni amalga ham oshirarmiz.Hozircha esa rus tilida gapiradigan birodarlarimizni cho’chitmaslik chorasini ko’rishimiz kerak.

-Besh yil oz, -dedi u ikkinchi kotibga. -So’zga chiquvchilarni tayyorlang. Sakkiz yil degan taklifni kiritishsin. Masalan, siz sakkiz yilda o’rganishingiz mumkinmi?

-Birgalashib o’rganamiz. -Ikkinchi kotib “Katta”ni yana “chaqib”oldi.

-O’rganolmasak, keyinchalik ana shu bandlarini olib tashlaymiz. Bunga yuqoridagilar nima deyishdi?

-Ular o’zimizning odam. E’tiroz qilishmadi.

-Yaxshi. Darvoqe, bu “Ish papka”larida nima bor?

-Iso Xolis bilan Shavkat Temurning kimligi, eng nozik joylari, qilmishlari haqidagi ma’lumotlar.

Karimov ham Anishchevga o’xshab har ikki “Ish papkasi”ning ilk sahifalarini o’qib chiqdi.

-Demak, birinchi qiladigan ishingiz Iso Xolisning birga o’qigan do’sti Maqsad Muhammad Qulni… nega buning uchta ismi bor?

-Hozir shunaqasi moda bo’lgan.

-Bo’pti, ana shu “Qul”ni tuzoqqa ilintiringlar. Yo’lini qilib menga tanishtiring. Kallasida biror narsa bo’lsa yonimizda ishlatamiz, jilov qo’limizda bo’ladi. Ikkinchi, do’sti Omon Matchonni esa dushmanga aylantiramiz. Yo’limizga yursa, kelajakda Iso Xolisning qarshisiga raqib qilib chiqaramiz. Hozircha Iso Xolisni Shavkat Temurga qayrang. Shavkatni esa Isoga. Ularni xalqning oldida qo’chqorlardek urishtirmoq kerak… Darvoqe, uning jilovini bu yoqqa olish haqida ham u yoqdagilar bilan gaplashing. Rozi bo’lishmasa yo’lini topib, uni chiqarib yuborish haqida o’ylang…”.

Ikkinchi kotib “Xo’p…xo’p…” degani bilan, aslida raqibini “nokaut” qilgandek shaxdam odimlar bilan Karimovning xonasini tark etdi. O’zi uchun ajratilgan kabinetdagi sovutgichdan tunuka qutichalardagi pivolardan birini olib, halqachasidan tortib “tuynugi”ni ochdi va bir hamlada oxiriga qadar ichdi.

Xayriyat, muzdekkina ekan, deb o’yladi. Melkumov hayotining safosini biladi. Aytib qo’yishim kerak, uyda ham pivo oz qoldi. Umuman chet elliklar pivoni sifatli qilib tayyorlashadi. U ikkinchi qutichani olib joyiga borib o’tirdi va Moskva bilan gaplashiladigan “VCh” telefonidan KPSS MK tashkiliy bo’lim mudiriga sim qoqdi. Plenumga va sessiyaga hozirlik qanday borayotganini aytib qo’ydi. So’ng:

-Olgaga ikki dona uzuk yubordim. Biri o’zimizning Melkumovdan, biri mendan. Tug’ilgan kuniga borolmadik, o’pib qo’y qizingni, -dedi bo’lim mudiriga.

Karimov ham ertangi plenum va sessiyaning o’tishidan ko’ngli to’q holda undan keyingi voqealarni o’ylayotgandi. Shu lahzada uni muxolifat ertaga uyushtirishi mumkin bo’lgan namoyish ham u qadar qiziqtirmasdi. Agar quloq solishmaydigan bo’lishsa, bostirish uchun Ichki ishlar vaziriga buyruq berdi. Uni qiziqtirayotgan narsa yangi saylov va undan keyingi Prezident lavozimi edi…

27. “SULAYMON”

Sessiya Karimov o’ylaganidan ham “samaraliroq” o’tdi. Sessiyadan chiqqan Karimov anhor sohili bo’ylab ish xonasiga borarkan, Qizil maydonga mashina kirishining kim ta’qiqlagan ekan deb o’yladi. Nahotki Moskovda ham “Katta”lar piyoda yurishsa? Yo’q, aksincha ular qora Volgalarda Qizil maydondan saf tortib o’tishni yaxshi ko’rishadi. Ulardan mening qaerim kam? Men ham bir jumhuriyatning otasiman. Nega endi piyoda yurishim kerak? Yo’q, bu tartib men uchun emas. Bunga boshqalar rioya qilishsin. Lekin har doim sessiya mana bu kontsert zalida yoki Oliy kengashda o’tishi shartmi? Buni ham hal qilamiz. Sessiya majlislarini o’zim ishlagan binoda o’tkazaman.

-Assalomu-alaykum,-qarshi tomondan kelayotgan bir kishining tovushi Karimovning xayollarini bo’ldi. U alik olishga og’iz juftlagandi qarshisidagi kishi to’xtamay gapini davom ettirdi.

-Xabarlarni eshitdik, Sizga ming rahmat! Ota-onangizning joylari jannatda bo’lsin, go’rlari nurga to’lsin! Xalqimizning egilgan boshini tikladingiz. Ming yillik orzuimiz amalga oshdi. Ona tilimiz davlat tili bo’ladigan kunlarni ko’rdik. Buni siz bag’ishladingiz bizga. Taxtingiz va umringiz boqiy bo’lsin!

Karimov qo’lini ko’ksiga qo’yib rahmat ishoratini qilib, yo’lda davom etdi. Orqadan kelayotgan shahar partiya qo’mitasining birinchi kotibi haligi kishini quchoqlab, qulog’iga pichirladi: “Rahmat, men kutgandan ham yaxshi chiqdi!”

Karimov hali xayollaridan ayrilmagan edi. Shu bois yonida kelayotgan xo’jalik ishlari bo’limi mudiriga:

-Orqaga qaytamiz, mashinani shu erga chaqiring, -dedi.

-Mashinangiz shu erda. Sizni kutib turibdi.

-Bu erga kirish ta’qiqlangan emasmi?

-Boshqalar uchun ta’qiqlangan, Siz va Byuro a’zolari bundan mustasno.

Karimov mudirning so’ng so’zlariga quloq ham solmay sohil bo’ylab lapanglab yurgancha, majlis bo’lib o’tgan binoning old tomoniga o’tdi. Majlisdan chiqqan deputatlar allaqachon tarqalib bo’lishgandi.

Bular uchun deputatlik ham ortiqcha tashvish, deb o’yladi Karimov. Yaqinda hammasini bir varakayiga bu tashvishdan qutqaraman. Aslida shunday podadan yaxshisi yo’q. Og’zingdan chiqqaniga “labbay” deyishadi. Qo’l ko’tarib tushirishda bularning yonida robotlar ham ip esholmaydi. Ammo iloj qancha? Teppadan oyoq tirab turishibdi. Nima emish, erkin saylovlar bo’lsin emish. O’zlari-ku erkin saylov qilamiz, deb boshlariga balo olishdi. Majlisbozlikdan boshqa ishlari yo’q. Yuzlarining pardasini yirtib tashlagan mahmadanalarga maydon topildi. Mendan oldingi rahbar-Rafiq Nishonov ham latta ekan, erkin saylov deganlariga ishonib to’rt-besh jo’jaxo’rozni Moskovaga jo’natgan, mana endi tomoshasini biz ko’rayapmiz. Bu yog’ini hal qilib olay, keyin ularning ham tanobini tortib qo’yaman.

Karimovning mashinasi ikki daqiqada manzilga etib keldi. U mashinadan tusharkan xo’jalik ishlari mudirini yoniga chaqirdi:

-Bundan keyin mashina orqa eshikdan ichkariga kiradigan bo’lsin. Ana u odamlar nimani kutib turishibdi? Yo bular mitingchilarmi?

-Yo’q, mitinglar juda sokin o’tdi. Bular shikoyatchilar. Yer uchun ikki qishloq bir-biriga qarshi bo’lgan. Samarqand viloyatidan… Oqsoqollari to’planib, sizning yoningizga kelishibdi.

-Bundan keyin men shikoyatchi qabul qilmayman. Saylovlarni o’tkazib olaylik, shikoyat yozishni ham ma’n etamiz. Indamasang bular Ollohning ustidan ham shikoyat yozishadi. Ichki ishlar vaziriga topshiriq ber, avtobuslariga mindirib, chiqqan joylariga jo’natsin.

Ammo shu payt oqsoqollar mirshablarni chetga surib, uning yoniga kelishdi. U bir hamla bilan ichkariga kirib ketmoQchi bo’ldi. Ammo oqsoqollar uni o’rab olishgandi. Karimov ularni bir-bir quchoqladi. Ba’zilarining yuzlaridan o’pdi. Keyin:

-Qani otaxonlar ovminga qo’l ochinglar, -dedi. -Men sizlarning dardlaringizni yaxshi bilaman, mirshablar bilan oralaringizda bo’lib o’tganlarni “Pravda” gazetasida o’qigandim. O’sha paytda chora ko’rish o’rniga sizlarni gazetaga yozdirib, sharmanda qilganlarni chiqib olgan daraxtlaridan tushiramiz. Mana yaqinda saylov o’tkazamiz. Men nomzodimni sizning tumandan qo’ysam, qo’llaysizmi? Qo’llasangiz, qani ovmin aytaylik.

“Ovmin”, “Ovmin”degan oqsoqollar Karimovni qayta boshdan quchoqlab, yuz ko’zlaridan o’pishdi.

-Saylovoldi uchrashuviga borganda hamma masalangizni hal qilib beraman, hozir esa hammangiz uy-uyingizga marsh, insholloh, yaqinda ko’rishamiz.

Shoshib qolgan oqsoqollar orqaga chekinib, Karimovga yo’l berishdi. Karimov ichkariga kirarkan, oltinchi qavatga chiqishni kutib ham o’tirmay, birinchi qavatdagi hojatxonaga yugurdi. Yuz-qo’lini yuvarkan, boboy zoti juda sassiq bo’ladi, deb o’yladi. Ba’zilarining soqoli ko’karib ketibdi, nos chekavergandan bo’lsa kerak…

Karimov jirkangancha qayta-qayta tupurdi-da, yuz-qo’lini takror yuvib, tashqariga chiqdi. Ammo liftning yonida bir zum to’xtab qoldi. Ilgarigi rahbarlar majlisdan keyin viloyatdan kelgan birinchilarga albatta ziyofat qilib berishardi. Bu bilan ham ularning ko’nglini olishardi, ham o’zlariga bog’lashardi. Bu an’anani buzsammi, deb o’yladi Karimov. Yo’q, birdaniga bo’lmaydi, bularning aksariyati oldingilarning dumi. Joylarda chuqur ildiz otishgan, qo’porib tashlash qiyin. Ildizlarini bir-bir chopmoq kerak. Hozir saylov oldidan ularni nishonga qo’yib, muxolifatning yo’lini to’sishim shart. Mabodo birlashib ketsalar ota go’ri-qozixona bo’ladi. Hozircha ularga “Sen yaxshi…” deyishim darkor.

Karimov xo’jalik ishlari bo’limi mudiridan “Birinchilar qaerda?”deb so’radi.

-Ular bog’dalar. Ziyofatni esa saroy orqasidagi mehmonxonada hozirladik.

Karimovning jahli chiqdi. Nega mendan so’ramay hozirlashadi? Kim bularni bu qadar mustaqil qilib qo’ygan? Eh-he, oldimda qancha ishlar bor, deb o’yladi.

-Nega men bilan maslahat qilmadingiz? Bugun jumhuriyat tarixida alohida kun. Ona tilimizga davlat tili maqomi berildi. Bu shodiyona uchun sichqonning inidek joyda ziyofat beramizmi? Qachongacha qo’rqib, pisib yashaymiz. Hozirdanoq loyihalarni tayyorlashga kirishing. Saylov o’tgunga qadar ziyofat beradigan saroyimiz bo’lsin. Yangi parlamentning birinchi sessiyasida ulkan qarorlar olamiz. Ularni “yuvish” uchun koshonaga ehtiyojimiz bor, -dedi mudirga. Mudir topshiriqni yon daftariga yozib olarkan, Karimov tashqariga qarab odim tashladi.

-Soat nechada to’planishadi?

-Siz qachon kelsangiz o’shanda… Darvoqe, ziyofat joyini “ikkinchi” bilan maslahat qilgandik.

-Bu ishlarda ikkinchi-pikkinchi yo’q. Hammasini men bilan maslahat qilasan. Tabiiyki, bu erda ishlashni istasang. Yo, mening odamim bo’lasan yoki hech kim.

Karimov tashqariga chiqqanda quyosh yotog’iga bosh qo’ya boshlagan, vujudidan qon sizib chiqayotgan askardek bir musht bo’lib qolgandi. U quyoshning bu holidan norozi bo’lgandek shafaqqa razm solib turgandi, yaqindagi stadiondan muxlislarning sasi yuksaldi.

-Nima gap? -deb so’radi Karimov mudirdan.

-Bugun futbol komandalarining uchrashuvi bor edi.

-O’sha “ikkinchi”ngga ayt, Sport qo’mitasi raisini ishdan olishni buyursin. Bundan keyin mening iznimni olmasdan biror bir harakat qilinmaydi. Burnimning tagida sakson ming odam qichqirib o’tirsa-yu, men bexabar. Shahar bedarvoza emas!

Oradan ko’p o’tmasdan uning “Shahar bedarvoza emas” degan gapi og’izdan og’izga o’tib, mashhur bo’lib ketishini hali o’zi bilmasdi. Bora-bora bu gap har bir rahbarning ham buyrug’i, ham iltijosi, ham qalqoni, ham qilmishiga aylanajagini Karimov bilmasa-da, voqealar shu atrofda rivojlanajagini his etardi. U Sulaymon ayri, devlar ayri bo’lishini istamasdi. Devlar Sulaymon uchun, Sulaymon yashasa, devlar yashaydi, deb o’ylardi. Buni haqiqatga aylantirish uchun har bir daqiqa, har bir soniyadan foydalanib qolishga urinardi. Uning hayot -mamoti, jon-jahdi, orzu umidi ana shu edi.

28. NOMZOD

Karimov ziyofatdan kech qaytdi. Vaqtini behuda ishga sarflagan odamdek yotgan joyida uzoq to’lg’andi. Ichkilik-u egulikning serobligidan o’z nasibini olgan Karimov bu yukning og’irligidan bo’lsa kerak ko’zi yumilishi bilan tush ko’ra boshladi.

…Baland tog’. Teppada ikki qoya, ikkisi ham qilichga o’xshaydi. Qoyalarning ustida ikki maxluq.

Birining to’rt oyog’i, olti qo’li, bir qancha qanoti bor.

Ikkinchisining esa bir qo’li, bir oyog’i, bir ko’zi bor.

Karimov o’rtada muallaq. Maxluqlar unga ashula ayttirishayapti. Mahalliy tilda ashula bilmayman, desa ham “Aytasan, aks holda pastdagi balchiqqa otib yuboramiz” deb po’pisa qilishardi. U esa bilmagani uchun majburan ruscha aytardi. Maxluqlardan biri ashulasidan bezdi, shekilli, uni otib yuborgandi, ikkinchisi ushlab oldi. Maxluq peshonasining terini artaman degandi, kaftidagi kichkina qilichlar Karimovning yuzini qirib yubordi. Og’riqdan bo’lsa kerak o’zini yon tarafga otgandi pastga tushib ketdi. Balchiqning hidi ko’nglini behuzur qildi. Lekin atrofning yumshoqligi huzur baxsh etdi. Miriqib uxlash uchun balchiqqa bosh qo’ydi…

Karimov uyg’onganda bosh uchida kundalik gazetalar turardi. Yonboshlagancha “Qishloq Haqiqati”ni olib sarlavhasiga nazar tashladi: Karimov so’z berdi-nomzodini Kattaqo’rg’ondan ko’rsatadi”. Sarlavhaning ostida uning oqsoqollar bilan o’pishib turgan payti aks ettirilgan surat. U jahl bilan bosh uchidagi tugmani bosdi.

Eshik ochilib, ichkariga umr yo’ldoshi Tatyana kirdi.

-Seni chaqirdimmi, hayvon, -deya baqirdi umr yo’ldoshiga Karimov. -Qani bu ho’kizlar?

-Ertalab kelishgandi, siz hali uxlasangiz kerak, deb gazetalarni olib qoldim.

-Sen qachondan xo’jayin bo’lib qolding? Mening ishimga bosh suqma, demaganmiman?

-Kechasi bilan alahsirab chiqdingiz. Biroz dam oling, devdum.

-Ha, qilg’ilikni qilib qo’yib, sutdan chiqqan qoshiqqa o’xshab turasan. O’zingga gard yuqtirmaysan.

-Voy, qoshiq deganingiz nimasi?

-Qoshiq deganim mana bu!-Karimov bir sakrab o’rnidan turdi-da xotinining yuziga tarsaki tortib yubordi.

Tatyana bir tarsakidan keyin ikkinchi, uchinchisi ham kelishini yaxshi bilardi. Shu sababdan gap qaytarish yoki yig’lash o’rniga darrov qochardi. Bu safar qocharkan eshik noxosdan qarsillab yopildi. Karimov buni tarsakiga javob deb o’yladi va jahlini pishqirtirib, Tatyanani quvib ketdi. Tatyana hovliga qochib chiqqanda, xo’jalik ishlari mudiri sut, qaymoq ko’tarib kelayotgandi. Tatyana undan uyalib, orqaga qaytmoqchi bo’ldi. Lekin ajdahodek pishqirib kelayotgan erining jahlidan jumbushga kelgan qo’rquv tuyg’usi bu uyatni engdi. Karimov esa mudirni ko’rmadi ham. Hovli kengish bo’lib, bir tomoni katta boqqa ulanardi. Bu bog’ “birinchi”lar uchun maxsus insho etilgan va atrofi baland devorlar bilan o’rab olingan. Tatyana yugurib borar ekan, oyog’idagi tapochkasi ikki tomonga uchib ketdi. Karimov bu tapochkalarni olib unga uloqtirdi. Baland ovozda bir-ikki so’kdi-da, orqasiga qaytdi. Mudir qo’rqqanidan sut-qaymoqni ostonada qoldirib, g’oyib bo’lgan edi. Karimov qog’oz qutidagi sutni tepib yuborarkan, qaymoqlarni esa bog’ tomonga uloqtirdi.

Keyin sharillagan sas uning diqqatini tortdi. Bu eshaklar haligacha hovuzni ham to’ldirishmabdi, deb o’yladi u va hovuz tomonga yurdi. Hovuz to’lib ketgan, undan toshgan suv atrofga oqayotgandi. U avval sovuq suvning jo’mragini berkitdi, keyin esa issiq suvning. Ich kiyimlarini atrofga uloqtirib, hovuzga kirdi. Xudoga shukur, bu dunyoda ham rohat qiladigan payt bo’lar ekan, deb o’yladi.

Yarim soat hovuzdan chiqmadi. Bu orada Tatyana unga yangi ich kiyimlar va sochiq keltirdi. Erining odatiga ko’nikib qolgan xotini, xizmatchilarga ham javob berib yuborgani uchun, boshini eggancha, hovuzdan chiqadigan joydagi marmar toshlarni arta boshladi.

-Ha, padxalimlik qilayapsanmi, erim hovuzdan chiqsa, yiqilmasin deyapsanmi ?

-…

-Bor, mudirni chaqir!

Mudir poylab turgan ekan, yugurib keldi.

-Yangangdan lattani ol, -dedi u mudirga. -Sen esa yo’qol! -dedi Tatyanaga.

Mudir avval o’zining yangi kiyimlariga nazar soldi, keyin yugurib borib, Tatyananing qo’lidan lattani oldi. Ilgarigi rahbarlar xo’p odam ekan, deb o’yladi mudir. Hech biri bunaqa baqirib-chaqirmasdi. Hammasining osmoni osmon edi, bunikida esa momaqaldiroqdan boshqa narsa yo’q. Ilgarigilar xotinlaridan hayiqib turardilar. Jahllari chiqqan bo’lsa ham umr yo’ldoshlarini ko’rganda, Moskovdan kelgan mehmonni qarshilagandek soxta tirjayish bilan ezilib-suzilardilar. Ular Moskovdagi boshliqlariga ham taqlid qilardilar, ham qo’rqardilar. Moskov ularning avzoyi, qadam olishlari, yurish-turishlari haqida bizdan xabar olib turardi. Bundan tashqari bir qancha josuslar ham shu xususda ma’lumot yig’ib, yuqoriga berib turardilar. Birdaniga zamon o’zgardi. Nima bo’layotganiga hech kimning aqli etmaydi. Hali Moskovda rahbarlarning imtiyozlarini cheklash haqida qaror chiqqaniga bir oy bo’lgani yo’q. Mana bu tentak esa oldingisidan ham oshirmoqda. Odamlar otdan tushmoqda-yu bu esa tuyaga minayapti. Toj kiygan shoh aql oladi, deganlar, balki…

-Nimani o’ylab qolding buncha? Daftaringni ol, yoz! -dedi Karimov unga. U bir sapchib o’rnidan turdi-da, ho’l qo’li bilan cho’ntagidan yon daftarini chiqardi. Keyin:

-Eshitaman, -deya Karimovga yaqinlashdi.

Chalqancha yotib, suv ustida yuzayotgan Karimov, hovuzdan chiqadigan narvonchani ushlab oyoqqa turdi.

-Bir. Ertadan e’tiboran barcha xizmatchilar, doktorlar, massajchi hamshiralar shu erda yotib qoladi. Sen va Kraynov ham navbatchilik qilasizlar.

Ikki. Ideologiya kotibiga ayt, “Qishloq haqiqati”gazetasi muharririni ishdan haydasin. Gazetalarga beriladigan har bir xabarni shaxsan o’zi o’qisin va menga bildirib tursin. Uch. Savol bo’lmasa bor, sartaroshni chaqir!

-Ilgari barcha shu erda yotib qolardi. Lekin Moskovdan qaror kelgach, bunga chek qo’ydik. Muharrir masalasiga kelsak, u Moskovning deputati. Gapirsak, og’zimiz yonadi.

-Senga og’iz yonish qanaqa bo’lishini ko’rsatib qo’yaman. Moskovning qarori bilan menga po’pisa qilayapsanmi? Shu soatdan e’tiboran ishdan haydalding. Biror joyda g’ing desang, onangni Uchqo’rg’ondan ko’rsataman! Agar sasing chiqadigan bo’lsa, qamoqda chiriysan. Kameraga salomga kelib turaman. Hozir esa bor, ishdan haydalganing haqida qaror yozib kel.

Mudir shalpaygancha chiqib ketayotgandi, Karimov uni to’xtatdi.

-Ha, rang-ro’ying o’liknikiga o’xshab qoldi? Yo, uy-joyingni, mashinangni tortib olayinmi? Yoki taftish boshlataymi? Bularni istamasang, qaddingni tik tut. Aytganimni bajar! Qarorni yozib, o’rinbosaring Mavlonga ber. U imzoga olib kelsin.

Mudir chiqib ketar ekan, Karimov uning orqasidan bir-ikki bo’ralab so’kdi-da yana suvga sho’ng’idi…

Karimov ishxonasiga kelishi bilan ideologiya kotibini chaqirdi.

-Bu nima? -deya “Qishloq Haqiqati” gazetasini uning oldiga otdi.

-Muharriri gapimizga quloq solmaydi. Ilgari ikki marta byuroga chaqirdik, kelmadi. Hozir esa deputat bo’lib olgan.

-Siz o’zi ilgari qaerda ishlagandingiz? Qanday qilib bu ishga kelib qoldingiz? Sizga quloq soladigan odam bormi bu dunyoda? -Karimov savollariga javob ham kutmasdan, so’zda davom etdi. -Keling, sizni shu muharrirning zulmidan qutqaray. Ko’nglingiz qaerni orzu qiladi? Istagan joyingizni ayting, o’sha erga yuboraman. Adi-badi aytishga esa vaqtim yo’q. Sasingiz chiqadigan bo’lsa, sizdan oldin bu vazifada ishlagan xonimchaning holiga tushasiz. Kamgap, yumshoqko’ngil odamsiz. Ming gapga bir gap bilan ham javob bermasligingiz menga ma’qul. Xo’sh, o’rningizga kimni keltiramiz? Bu xususda ham demak fikringiz yo’q. Unday bo’lsa “ikkinchi” bilan uchrashing, ertangi plenumga ariza yozing, o’rningizga esa Akademiyada ishlayotgan Jahongir Hamidovni tavsiya qiling.

Kotib bunday suhbatga tayyor edi. Chunki Karimov viloyatda ishlayotgan kezda ikkalasining orasi buzilgandi. Shu bois masala bu qadar silliq hal bo’lishidan engil tortdi. Ammo o’z o’rniga tavsiya etiladigan kishi bu sohadan uzoqligi uni o’ylatib qo’ydi. Karimovning biroz yumshaganidan va ish va’da qilayotganidan taskin topgan kotib:

-U kishi biolog, bu erga esa mafkura sohasidan birini keltirsakmikan?

-Mana sen mafkuradan kelgansan. Nima qilib berding? Agar gapni ko’paytiradigan bo’lsang, Moskovdan ish qidirasan. Uch kunda dumingga supurgi bog’layman.

Yana kotib indamay turdi. Karimov esa ichini to’kdi. So’kkanida va hatto urganida indamay turadigan odamni yaxshi ko’rardi. Gap qaytargan, savol bergan kishi esa qanchalik haq bo’lmasin baribir uning qahriga uchrardi. Kotib esa asli indamaslardan edi. Uning jim turishi Karimovni yumshatdi.

-Bo’pti chiq, plenumdan keyin qabulimga kelasan. Ha, Kraynovga ayt, menga muharrir Ahmadjon Muxtorovni bog’lasin.

Karimov bardoqdagi choydan bir ho’plam ichmasidan telefon jiringladi.

-Ahmadjon Muxtorov telefondalar, -dedi Kraynov.

-Bog’la!

Karimov quyuq salom-alikdan keyin:

-Ahmadjon aka, bugungi maqolangizni o’qidim. Ming rahmat sizga. Nomzodimni Kattaqo’rg’ondan qo’yishni sizga o’zim aytaman, deb turuvdim. Ko’nglim bo’ling-e, ichimdagini topibsiz. Surat ham a’lo. Telefon qilayotganimning birinchi sababi, rahmat aytish bo’lsa, ikkinchisi, bir maslahatim bor edi. Bilasiz, Moskovdagi deputatlarimiz tarqoq bo’lib ketishgan. Ba’zilari anu Nishonov degan lattaning soyasiga aylanishgan, ba’zilari esa umuman so’zga chiqishmaydi. Majlislar zalida ham uxlashadi. Ertangi plenumimizdan keyin ikkalamiz Moskovga borsak, deputatlarimizni yig’ib gaplashsak. Ularga sizni boshliq qilib qo’ysam, o’zingiz tarbiyalasangiz. Mening Moskovdagi ko’z-qulog’im bo’lsangiz. Bu erdagi o’rningiz ham bo’sh turadi. Qolaversa, saylovlardan keyin yangi parlamentning gazetasini chiqaramiz. Uni ham o’zingiz yo’lga qo’yib berasiz. Aslida ertangi plenumda sizni mafkura kotibligiga keltirmoqchi edim. Lekin u yer siz uchun ancha past. Rahmat va qulluqlarni kelajakka olib qo’ying. Hozir esa katta ishlarga shaylaning. Bu jumhuriyatni ikkalamiz oyoqqa qo’yamiz. Siz Moskovda, men esa bu yerda!

Karimov telefon dastasini o’rniga qo’yarkan, biror yil Moskovda sovuq qotib yursin, keyin yo’lini qilib gazetadan chetlashtiraman, hozircha o’zimning odamlarimdan birini o’rinbosar qilib qo’yaman, ishni u yuritadi deb o’yladi…

Partiya Markaziy qo’mitasining plenumi Karimov o’ylaganidek o’tdi. Eski do’sti Jahongir Hamidovni mafkura kotibligiga tavsiya qildi. Ilgari kotiblik u yoqda tursin oddiy xodimni ishga olishni ham Moskva hal qilardi. Lekin keyingi vaqtda butun vakolatni mahalliy hokimiyatga berishdi. Endi kotibni saylab bo’lgachgina bu haqda Moskva xabardor qilinadi. Bo’lim mudirlari, xodimlar esa Moskovni qiziqtirmaydi. Chunki bularsiz ham ularning boshi cho’p suqilgan arining uyasidek g’uvillab yotibdi. Har kun bir yangilik, har kun bir tashvish. Yangi saylangan SSSR Oliy Soveti tongdan oqshomgacha, oqshomdan sahargacha meros talashgan bolalardek janjal bilan ovora. Karimov uchokda shular haqida o’ylab o’tirarkan yoniga muharrir Ahmadjon Muxtorov keldi.

-Ertaga mehmonxonada bir qo’lbola osh buyursangiz, -dedi u muharrirga. -Mavlon sizga yordamchi bo’ladi.

Karimov yonida o’tirgan Mavlonga qarab:

-Kecha tasdiqdan o’tding, endi buni yuvamiz. Sen bolaga aytib qo’yay, agar gapimdan chiqmasang baland-baland joylarga ko’taraman seni.

Mavlon o’rnidan turib, qulluq qildi. Karimov uning o’rnini muharrirga ko’rsatib:

-O’tiring gap bor, -dedi. Mavlon egilib o’rindiq ostidagi diplomat-sumkani olmoqchi bo’lgandi, Karimov: -Turaversin, Ahmadjon akaning oltinu pul bilan ishi yo’q, -dedi. Keyin Mavlonning uzoqlashishini bir lahza kutib turdi-da, muharrir tomonga egildi: -Nishonov bilan orangiz qanday? -deb so’radi.

-U millatimizning boshiga kulfatlar keltirdi. Eng yaxshi insonlarni tuhmat bilan qamalishiga ko’z yumdi. Millatimiz masxara qilinar ekan, u ham qo’shilib kuldi. Vodiy voqealari Moskva tomonidan uyushtirildi, ammo uning xabarsiz bo’lishiga ishonmayman. Aks taqdirda uni Moskvaga shunday katta ishga olisharmidi ?

-Balli og’ayni, -dedi hayajonlangan Karimov. -U mening yo’limga to’siq bo’ldi, lekin qo’lidan bir ish kelmadi. Bu borada sizning ham xizmatlaringizdan xabarim bor, unutmayman. Ana uning esa yaqinda oilasini ham quvaman. Bir umr yurtga qaytmaydigan qilamiz. Siz Moskovdagi gazetalardan uch-to’rt kishini sotib oling, masrafini Mavlon hal qiladi, -deya u ko’rsatgich barmog’i bilan qora diplomatga ishora qildi. -Nishonovga qarshi jiddiy kampaniya boshlatishimiz kerak. Ertaga sizni rahbar qilib qo’yganimizdan keyin deputatlarning jilovini ham qo’lga olasiz.

Muharrir mushohadaga borsa-da, e’tiroz bildirmadi. Karimovning bu qadar ishonib, o’ziga yaqin olayotgani uni quvontirdi.

-Bilasizmi bitta taklifim bor, -dedi u. -Hozir Moskva ko’p masalada vakolatni mahalliy hokimiyatga bermoqda. Biz huquq borasida ham odim otmoqchimiz. Gdlyan va Ivanov yigirma mingdan ko’p insonni qamoqqa tiqdi, zor qaqshatdi. Bularning orasida qancha-qancha oltin kadrlarimiz bor. Hozir bu tergovchilar deputat bo’lib olishgan, lekin biz ham bo’sh kelmaymiz. Tergov va sud materiallarini o’zimizga olamiz. Siz esa ularni ozod qilish tashabbusini boshlaysiz. Bu bilan birdaniga ikki quyonni uramiz. Birinchidan, ozod qilinganlar “nishonovchi”larga qarshi kurashchimizga aylanadi. Ikkinchidan, ular sizni har qanday sharoitda ham sotmaydigan sodiq odamlaringiz bo’ladi.

Muharrir aslida qamoqlarda ezilib yotgan insonlarni tezroq ozod qilish payida edi. Karimovni qiziqtirish uchun buni takliflarga aylantirib yubordi. Karimov ko’nglida sham yoqilgan kishidek sevinchini yashirmadi. Uning jahli naqadar tez chiqsa, sevinishi ham samimiy edi. Ammo bu samimiylik uzoq yashamasdi. Ko’pincha chala tug’ilgan boladek yo nogiron bo’lardi yoxud uzoq umr ko’rmasdi.

-Men siz haqingizda noto’g’ri o’ylab yurgan ekanman, siz o’g’il bola ekansiz, -deya muharrirning tizzasiga shapatiladi va so’zda davom etdi. -Bundan keyin hamma masalani maslahatlashib hal qilamiz. Moskovdan qaytgach, gazetangizda yozib, xalqqa oshkor qilganingizdek Kattaqo’rg’onga boraman. Saylovoldi uchrashuvi bahona. Na faqat xalqimizga, balki Moskovga ham kimligimni ko’rsatib qo’yishim kerak. Shu sababdan yaxshilab bir nutq yozsangiz. Uchrashuvda o’qib o’tirmayman. Yozilgan narsani o’qishga hafsalam yo’q. Uchrashuvni qishloq joyida o’tkazamiz, muxbir-puxbir taklif qilmaymiz. Matbuotga esa siz yozgan nutqni beramiz. Ammo nutq butun dunyoning diqqatini tortadigan bo’lsin. Demokratiyadan boshlanib, oshkoralik bilan tugasin. Bizning dasturimiz nimadan iborat ekanini o’rtaga qo’ying.

Ular Moskovga etib kelganlarida muharrir Karimovning qulog’iga shivirladi:

-Ba’zi jumhuriyatlar rahbarlari ayni paytda hukumatga ham rahbarlik qilishni ilgari surmoqdalar. Moskvadan yangi imzolanajak shartnoma doirasida o’zlarga keng qamrovli mustaqillik berishini talab qilmokdalar. Moskva ittifoqda qolish qolmasligimiz haqida referendum istayapti. Demak, qo’limizda ikkita uruvchi qartamiz bo’ladi – biri “tuz”, biri “qirol”. Buning evaziga saylovdan keyingi birinchi sessiyadayoq tishimizni ko’rsatamiz. Nima bo’lsa ham qo’y emas, bo’ri ekanligimizni isbotlaymiz…

Karimovning Moskovdagi ishi tez bitdi. Deputatlar bilan uchrashuvdan keyin Markazkomga bosh suqdi. Ittifoq shartnomasini saylovdan keyin muhokamaga qo’yasiz, deyishgani uchun darrov orqaga qaytdi. Kelishi bilanoq byuro a’zolarini bir-bir chaqirdi. Saylovni qanday o’tkazish haqida ularning fikrlarini so’radi. Keyin esa byuro majlisini chaqirdi.

-Har biringiz saylov uchun safarbar, -deya so’z boshladi u. -Viloyat partiya qo’mitalari nomzodlar ro’yxatini hozirlagach, uni Markazqo’mda sinchiklab o’rganib chiqasiz, qolipga solasiz. Ishchilar, kolxozchilar, ziyolilar, partiya a’zosi bo’lmaganlar foiziga ko’ra belgilansin. Keyin ro’yxatni KGB ham tekshiruvdan o’tkazsin. Nomzodlarning yoshi, jinsi, kelib chiqishi, millati, dini kabi masalalar ham qolipga tushsin. Har qanday o’zboshimchalikning oldi olinsin. Demokratiya, oshkoralik, erkinlik biz istagandek bo’ladi. Shu sababdan nomzodlar ko’rsatishni ochiq o’tkazish kerak. Istashsa yuz nomzod ko’rsatishsin, lekin oxir oqibatda bizning nomzod o’tsin. Agar yanglish hol yuz beradigan bo’lsa, mas’ul rahbarlar qosh-ko’zing bor demasdan ishdan haydalsin. Yanglish nomzodlar esa o’zlari ariza yozib, o’rtadan chiqsinlar. Byuro majlisiga taqdim qilinadigan nomzodlar ro’yxati uch rang bilan o’raladi. “Qizil rang” nomzod har qanday sharoitda ham deputat bo’lishi shart, “ko’k rang” nomzod muqobil asosda saylanadi, ammo muhaqqaq deputat bo’ladi, “qora rang” esa ushbu nomzod o’rniga shu yoshdagi, ayni millat, ayni kasbdagi, bizga xayrixoh kishi o’tishiga ruxsat bo’lishi mumkinligini anglatadi. Markazqo’m a’zolari, taniqli shoir, yozuvchilar, jumladan, Iso Xolis, Erkin Vohidov, Primqul Qodirov, Halima Xudoyberdieva singarilar birinchi ro’yxatga olinsin. Parlamentning ellik foizi ana shu ro’yxat asosida o’tganlardan, yigirma besh foizi “ko’k” va qolgani “qora”lardan bo’lsin. Kerak bo’lsa, ba’zi joylarda byulleten masalasi ham ishga solinsin. Saylov komissiyasi raisi Qudrat Axmedov har kun, har soatda hisob berib tursin. Boshqa takliflar bormi?

Hamma jim edi. Chunki Karimov hammadan so’rab olganlarini o’zining nomidan qilib, o’rtaga otgan edi.

-Savollar bo’lmasa hamma o’ziga ajratilgan viloyatlarga yo’l olsin. Har oqshom soat o’n ikkidan keyin sizlarni qidirib, hisob so’rayman, -deya majlisni yakunladi…

29.UCHRASHUV

Kattaqo’rg’ondagi saylovoldi uchrashuvi bir kolxozning klubida bo’ldi. Karimovdan oldin so’zga chiqqanlar uning o’zi ham bilmagan xislatlari haqida gapirishdi. Keyin o’rta yoshlardagi bir kishi minbarga yugurib chiqdi.

-Men o’qituvchiman, -dedi u. -Ayni paytda “Birlik” Xalq harakatining a’zosiman. Lekin bizning nomzodni ro’yxatga olishmadi. Biz mustaqillik, demokratiya va oshkoralik tarafdorimiz. Majlislarimiz qonun charchavasida o’tgani holda bizni ro’yxatga olishmagani qarshimizda mustaqillik, demokratiya va ozodlik dushmanlari turganini ko’rsatadi…

-Nima gap? -deya Karimov viloyat birinchisi Po’lat Abdurahmonovga yuzlandi.

-Bu harakat hammayoqni ag’dar-to’ntar qilayapti. Ko’p joylarda xalq oyoqqa turdi. Janjal-to’polonni qiyinchilik bilan bostirayapmiz. Ba’zi nomzodlarga ko’z yummasak bo’lmaydi.

-Sizni viloyatga yuborishda umidlarim katta edi. Kelganingizga ikki oy bo’lgani yo’q. Yoki og’ir ish ekanmi? Sizning gapingizga quloq soladigan bo’lsak, mana bularga ham ko’z yumish kerak, muhtaram Po’lat Majidovich. Istasangiz, men chiqib ketay, bularni saylang, -dedi Karimov kinoya bilan.

Minbardagi o’qituvchi ismini tilga olarkan, Karimovning xayoli bo’lindi.

-Biz mehmonimizga qarshi emasmiz. Hatto u kishi o’z nomzodlarini tumanimizdan ko’rsatganlari uchun rahmat aytamiz. Lekin muqobil saylov bo’lsin. Baribir xalq bu kishini saylaydi. Ammo ayni paytda jumhuriyatga muqobil saylov ibrati beriladi.

O’qituvchi minbardan tusharkan, Karimov o’rnidan turib, uning erini ishg’ol etdi. Zaldagi olqishlar uning so’zga chiqqani uchunmi yoki o’qituvchining jasoratigami anglash mushkul edi.

Karimov olqishlarni o’qituvchi uchun deb hisobladi va yana ham jahli chiqdi. Shu sababdan qisqa, ammo jo’shib gapirdi.

-Birinchidan. Xalq harakati nomzodini ro’yxatga olmaslik jinoyat. Xalqqa qarshi keladigan kuch bormi? Sizdan so’rayapman, shunday kuch bormi? -Zalda gulduros qarsak yangradi. Ba’zilar o’rinlaridan turib, qarsak chalayotgan edilar. Karimov biroz zalga kinoya bilan termuldi-da, so’zda davom etdi:-Ikkinchidan, mustaqillik deya ko’kragiga urayotganlarga ishonmang. Sizning haqingizni kesib, armiya tuzishga, chegara qo’riqlashga undashmoqda bizni. Butun dunyodan uzib qo’yishmoqchi bizni. Suv yo’limiz, temir yo’limiz bormi? Bugun biz uchun yakkayu yagona yo’l ittifoq ichida qolish, ammo haqlarimizni undirib olishdir. Moskovning bo’ynidan bo’g’ib, sizning haqlaringizni talab qilsam, orqamda turasizmi?

Yana qarsak seli yog’ildi. Karimov endi bu olqishdan lazzatlana boshladi.

-Qilg’ilikni qilib qo’yib, Moskovga qochib ketganlar majlislarda burun kovlab o’tiribdilar. Men yangi parlamentning birinchi majlisida Farg’ona, Parkent voqealari aybdorlarini o’rtaga chiqaraman. Burunlariga ip o’tkazib, tortib olib kelaman va sizning nomingizdan hisob so’rayman. Menga bu vakolatni berasizmi? -Endi uning har bir jumlasidan keyin qarsaklar to’lqin kabi borib kelaverdi. Xalq uning buzib aytilayotgan kalimalariga emas, hayqirib aytilayotgan ifodalariga mahliyo bo’lgan, umrida eshitmagan gaplarini ilk bor eshitayotgani uchun tinimsiz olqishlayotgandi.

-Biz mard xalq, lekin bizni o’g’ri, muttaham, poraxo’r deya ayblashdi. Hali o’sha Gdlyanlarni mana shu erga olib kelib, sud qilamiz. Qamoqdagilarning hammasi ozod qilinadi va o’z vazifalariga qayta tiklanadi.

Karimov barmog’i bilan birinchidan, ikkinchidan deya sanay boshlagandi, ammo qo’lini musht holda minbarga urayotgani uchun sanoqdan ham adashdi. Qarsaqlardan so’ng minbardagi suvdan bir qultum ho’plarkan:

-Xo’sh, nechanchi bo’ldi, har holda oltinchi bo’lsa kerak, -deya chap qo’lining boshmaldog’ini ko’rsatib, so’zda davom etdi. -Bundan keyin paxtani o’zingiz ekasiz, pulini o’zingiz hisoblaysiz, istasangiz paxta, istasangiz meva ekasiz, istasangiz bog’ tashkil qilasiz. Bundan keyingi shiorimiz: qishloq boy bo’lmasa davlat badavlat bo’lmaydi. Bugungacha vagonlar Moskovga to’lib borgan bo’lsa, bundan keyin vagonlar yurtimizga to’lib keladi. Bundan keyin farzandlarimizni urush bo’layotgan joylarga xizmatga yuborish yo’q. Har bir askar uchun avval kafolat istaymiz.

Ettinchidan, tartib o’rnatish bahonasida kelganlarni kelgan joyiga jo’natamiz. Bitta chamadon bilan kelgan bo’lsalar bitta chamadon bilan qaytadilar.

Va oxirgisi: saylovlar halol, pok, to’g’ri o’tishi uchun mana men kafolat. Bu saylovlar xalq saylovlaridir!

Karimov gulduros qarsaqlar og’ushida o’z o’rniga kelib o’tirarkan, minbarga bir yigit yugurib chiqdi.

-Xalqimiz haqiqatdan ham mana shunday jasoratli, aytib tashlab qochmaydigan rahbarga ilhak edi. Aytish boshqa, bajarish boshqa. Yo, zulfiyor, yo, zulfiqor! Ikkisidan birisini tanlamoq kerak. Zulfiyorlik yolg’on va xushomad yo’lidir, zulfiqorlik esa o’tkirlik, aytganini shartta kesishdir!

-Kim bu? -deya so’radi Karimov.

-Boshimizning balosi, -dedi Po’lat Majidovich. -Fel’etonchi. Faqat tanqid yozadi. Yaqinda televizorda ham bizni sharmanda qildi. Ismi Mirtemir.

-Bu erda nima ishi bor?

-Muxbir sifatida kelgan.

-Unda muxbirligini qilsin. Nega so’zga chiqadi?

-Bitta tumanimizdan uning ham nomzodini ko’rsatishgan. Gapga chechanligi uchun xalqni orqasidan ergashtirib oldi. Chaqirib gaplashdik ham bo’lmadi. KGBni ishga soldik, natija bermadi. Ikki marta ro’yxatdan o’tkazmadik, uchinchisida majbur bo’ldik…

Mirtemir qisqa gapirdi. Minbardan tushar ekan, Karimov uni yoniga chaqirdi

-Uka, bilib qo’y…

Karimovning gapi og’zida qoldi. Zaldagilar majlis tugadi deb hisoblashdi, shekilli, yuzga yaqin oqsoqol yuqoriga chiqib, Karimovni o’rab olishdi.

-Bizning masalani hal qilib bermasdan ketmaysiz! -Oqsoqollar birin ketin Karimovga o’z dardlarini tushuntira boshladilar. Karimov viloyat birinchisiga yuzlandi:

-Oqsoqollar tumanning birinchi kotibini ishdan olishni istayaptilar. Uddasidan chiqa olasanmi?

-Qiyin. Uning orqasida ham ana shuncha oqsoqol bor.

-Chaqir o’zini.

Bir tarafga chekinib turgan tuman kotibi Karimovning yoniga keldi.

-Necha yoshdasan? -deb so’radi Karimov undan.

-O’ttiz beshda, -dedi u.

-Hali tirrancha ekansan. Nega qorin qo’yding? Dumba yog’li palov eyishdan boshqa ishing yo’qmi? Yo bu masalani tinchit yo arizangni yoz! Umuman orqaga odam yig’ish odati qaerdan chiqdi? Uch kunda masala hal bo’lmasa maxsus taftishchilarni yuboraman va seni asfalasofunga jo’nataman.

Tuman hokimi miq etmay turdi. Oqsoqollar mamnun edilar. Karimov ularning orasidan siyrilib chiqarkan Po’lat Majidovichga:

-Biroz qattiqqo’l bo’l. Bularni parchalab tashla. Bundan keyin to’planib yurishlariga chek qo’y. KGBning bu erdagi bo’limini kuchaytir. Guruhlarni emas, shaxslarni bir-biriga qayrasin. Tuman birinchisini esa ishdan ol, -dedi va klub yaqinidagi maydonchada turgan vertolyotga minib, ko’kka ko’tarildi.

Zamindagilar vertolyot ortidan tikilib qolarkanlar ko’ngillari umidlarga to’lgandi. Ammo umidlari ham ana shu vertolyot bilan birga osmonga uchganidan bexabar edilar. Buni sezish yoki his qilish uchun esa bir necha yillar kerak bo’lishini bilmasdilar.

Ularning qalblari, fikrlarini yangi bir og’u tortanak uyasi singari o’rab ola boshlagandi. Bu tortanak uyasining iplari ularga nur bo’lib ko’rinayotgan edi. Nur go’yo vertolyot parraklari orasidan sinmasdan o’tayotgandek tuyulsada, aslida parraklar ko’kdan yog’ilayotgan yorug’ nurning yo’lini to’sgan, zaminga esa Karimovning “nur”lari oqib kelayotgandi.

30. MASHVARAT

Havo oniydan isib ketdi. Oylardir yer ustini qoplab yotgan qatlama muz ikki kunning ichida erib, suvga aylandi. Qish kunlari sarxush odam kabi shakarlama uyqusi ostida qolgan daraxtlar birdan uyg’ondi. Quyosh jilmayib qolganidan aldangan daraxtlarning shoxlarida o’smirning sabza soqoli kabi erta uyg’onga bitta yarimta kurtaklar ko’zga tashlanib qoldi. Havodagi o’zgarish odamlarga ham ko’chdi. Palto-yu ro’mollarini uloqtirgan qizlar qor ostidan bosh ko’targan chuchmomolardek ko’zlarga tig’dek sanchildilar. Ko’kraklarini ochib olgan yigitchalar esa ovga chiqqan alpomishlardek ko’chalarni to’ldirdilar.

Ammo bu hol uzoq davom etmadi. Qor qanday erigan bo’lsa, xuddi ana shunday yana atrofni qoplab oldi. Shoshqaloq daraxtlaru bahorsevar yigit-qizlar xirchin sovuqning ignalariga dosh berolmay yana yashirinmoq uchun joy qidirdilar. Tabiatu odamlarni zamin degan maydonda o’ynatib, tepadan tomosha qilib turgan kuch ularga nafaqat tashqi tomondan balki ichkaridan ham ta’sir qilayotgandi.

Erta uyg’ongan daraxtlar bolasini tushirgan onadek bo’zlarkan, odamlarning fikru xayollarida ham to’lqinsimon jumbush bor edi. Kim asabiy, kim esa yangi fikrlar bilan qaynashgan, yana kimdir pixillab qolgan burnining tashvishida…

Hamma yoqqa yoyilgan gripp Karimovni ham chetlamadi. Otashi yuksalgani, suyaklari sinqirab og’riyotgani, tovushi biroz xirillab, burni bitib qolganiga qaramay sessiyaga tayyorgarlik ko’rayotgandi. Qattiq tazyiqlarga qaramay bir necha viloyatda ro’yxatda bo’lmagan kishilarning saylanib qolishlari uni rohatsiz etayotgandi. Shu damda suyaklarining og’rig’i emas, yuragining allaqaeridagi sanchiq uning xayollarini tuptugundek o’ziga bog’lab olgandi. Ammo bu og’riq yuragining biror bir eridagi xastalik alomati emas, balki bu qadar harakatlaridan keyin ham parlamentga kirib qolgan “begonalar” dardining belgisi edi.

Ikki kun oldin byuroda bir qancha rahbarlarning faoliyatiga nuqta qo’ydi. Keyin bu masalani Kompartiya plenumiga olib chiqdi. Ba’zilarining boshidan qaynoq, ayrimlarning boshidan esa sovuq suv to’kdi. Lekin yuragi joyiga tushmadi. “Nega? Nega?” -degan savol ko’kragida gup-gup urib turardi. Har qancha urinmasin uni tinchita olmayotgandi. Parlamentdagi arifmetikani, ya’ni ovozlar hisob-kitobini qayta-qayta ko’zdan kechirdi. Begonalar bor-yo’g’i besh foiz. Ammo butun tarix bo’yincha urushlarni, inqiloblarni, davlat to’ntarishiyu isyonlarni aksariyatning besh foizi hal qilgan.

Qaerda xato qildim, deya o’ylardi Karimov. Endi xatoni tuzatishga kech. Bu besh foizning yo’lini to’sishim kerak. Viloyatlarda tikan simli to’siqni yorib o’tishdi. Bu erda shunday to’siq qo’yishim kerakki ham qo’llari, ham oyoqlari va eng asosiysi og’izlari bog’lansin.

Karimov yangi ish boshlaydigan Oliy Kengashning birinchi sessiyasidagi nutqu ma’ruzalar, ish tartibiyu tushlikda beriladigan ovqatlar ro’yxatiga qadar sinchkovlik bilan chig’irdan o’tkazdi. Garchi Moskov sessiya oldidan odatga kirgan vakillar yig’ilishini o’tkazmaslik haqida isrorli bo’lsa-da u bunga rioya qilmadi. Vakillar yig’ilishiga “begonalar”ni ham chaqirtirdi.

-Yana bir soatdan keyin mamlakatimiz tarixida birinchi marta bo’lib o’tgan erkin saylovlar natijasida saylangan deputatlar ishtirokida ilk sessiyani boshlaymiz, -dedi u kichik zalda to’planganlarga. -Bu erga nafaqat rahbarlarni balki o’z kuchi bilan saylanganlarni ham chaqirdik. Xalqimizning yaxshi odati bor, to’ydan oldin oqsoqollar yig’ilib maslahat qilishadi. Bu ham parlamentning oqsoqollar maslahat kengashidir. Xalqning oldiga chiqib baqir-chaqir qilmasdan, nima gapimiz bo’lsa ana shu erda kelishib olaylik. Ayniqsa o’z kuchi bilan saylangan do’stlarimiz kun tartibi, tuzilajak komissiyalar haqida fikrlarini aytsinlar.

Majlislar zali kichik bo’lsa-da har yer har yerga bir mikrofon o’rnatilgandi. Birinchi bo’lib To’lqinjon degan yigit so’z oldi.

-Mening va yonimda o’tirgan ukamiz Mirtemirning saylovoldi dasturida adolatsizlikka qarshi kurash asosiy masala qilib qo’yilgan. Keyingi vaqtda Moskva xalqimizga nisbatan ayanchli ravishda bo’hton yog’dirdi. Moskvaga birinchi zarba sifatida uzoq yillar jumhuriyatimizni boshqargan marhum Rashidov nomini oqlash masalasini sessiya kun tartibiga kiritishni so’rayman.

-Bu parlamentga oid masala emas. Uni partiya qoralagan. Kerak bo’lsa partiyaning o’zi ko’rib chiqsin. Parlament bunday masalalardan balandda turishi kerak, -dedi Karimov. Lekin zarda bilan gapirganini his qildi va oldindan ko’ngliga tuyganidek o’zini yumshoq qilib ko’rsatishga urindi. -Men shu partiyaning raisiman. Bu masalani siz ham Mirtemirjon ham menga topshiringlar. Insholloh, partiya kengashlarining kun tartibiga kiritaman.

To’lqinjon o’tirarkan mikrofon yoniga Mirtemir keldi:

-Keyingi vaqtda jumhuriyatimiz tarixida yuz qorasi bo’lib qoladigan voqealar sodir bo’ldi. Bulardan birinchisi, Farg’ona fojeasi. Aka-ukani bir-biriga qarshi qo’ydilar. Fitna, ig’vogarlik urug’ini sochdilar. Ikkinchisi esa, Parkent voqealari. U erda yosh yigitlar timsolida millatimizning kelajagi o’qqa tutildi. Bu masalalar ochilmay qoldi. Uchinchidan, tsenzura degan jallod hamon matbuot ustida qilichini qayrab turibdi. Hatto saylov oldida nomzodlar o’z qarashlarini ochiq ifoda etolmadilar. To’rtinchidan, ba’zi jumhuriyatlar mustaqil bo’lish uchun kurashayotgan bir paytda biz Ittifoq shartnomasining tashabbuskori sifatida o’rtaga chiqdik. Ya’ni bo’ynimizga tosh bog’lab, o’zimizni quduqqa otayapmiz. Xalq esa bu harakatning mohiyatidan bexabar. Va nihoyat, birinchi majlisdanoq parlamentni partiya plenumi yoki kolxoz qurultoyi holiga solib qo’ymaslik uchun uning elkasidan quruvchi degan yukni olib tashlamoq kerak. Deputatlar yo’l qurilishi yoki bog’cha qurilishini emas, siyosiy masalalarni tortishmoqlari zarur. Majlislarimiz jonli ravishda televidenieda ko’rsatilib turilsin. Xalq o’z vakillariga o’zi baho bersin…

Bu bola rostdan ham bosh balosi ekan, deb o’yladi Karimov. Hozirning o’zidayoq og’ziga latta tiqib qo’yishim mumkin. Lekin o’sha lattani qaytarib o’zimning og’zimga tiqib qo’ysa-chi? Adi-badi aytib o’tirsam sharmanda bo’laman. Gapga chechan ekan. Savollariga javob topib berolmasam, obro’yim to’kiladi. Shuning uchun indamay tinglashim kerak.

Mirtemir Karimovning xayol surayotganini sezgandek uning ismi sharifini tilga olib, taklifini unga yo’naltirdi:

-Qo’limizda parlament komissiyalarining ro’yxati bor. Men unga Oshkoralik komissiyasi qo’shilishini va yuqoridagi masalalarni oydinlatish unga yuklatilishini taklif qilaman.

Karimov Hamidovga qaradi. Hamidov “Bo’ladi, keyin o’ylab ko’ramiz” degandek bosh irg’adi.

-Rahmat, bu taklifingiz uchun, -dedi Karimov Mirtemirga. -Sessiyada ham bu taklifni o’zingiz o’rtaga oting, biz esa qo’llaymiz. Raisi va a’zolari haqida esa mana o’rtoq Hamidov o’ylab ko’rsinlar.

Shu payt sochlari to’kilgan o’rta yoshlardagi bir kishi mikrofonga yaqinlashdi. Bu shoir Erkin Vohidov edi.

-Men mazkur komissiyada xizmat olishga tayyorman, -dedi u.

-Sizga o’xshagan insonlar yuz yilda bir marta tug’iladi. Men bu fikrimni sessiyada ham takrorlayman. Biz ham sizga bu komissiyani ishonib topshirishga tayyormiz, -dedi Karimov. -Biz oldimizda katta majlis borligini unutmasligimiz kerak. Shu boisdan takliflarni qisqa-qisqa aytaylik.

“Begonalar” birin-ketin o’z takliflarini aytdilar. Shundan keyin Karimov viloyat birinchilariga qarata:

-Har biringiz suvchi quloq boshida o’tirganidek viloyatingiz deputatlari bilan birga bo’ling. Sizdan poda boshi bo’lishingizni istamayman. Deputatlaringizni boshqa tomonga boshqarmang. Sizdan to’da boshi bo’lishingizni istayman. Deputatlaringizni bir joyga to’dalab o’tiring. Bu ham talab, ham buyruq va istasangiz, iltimos ham. Bu sinovdan muvaffaqiyatli o’tishingizga ishonaman. Chunki biz bir komandamiz, bir eshelonmiz. Ajralib qolgan vagon esa yolg’iz qolib ketadi, -dedi.

Shundan keyin Karimov barchani katta zalga da’vat etdi.

31. TO’RT KALIMA

Majlis zali hayitona tus olgandi. Yangi saylangan millatvakillari ochilishga hozir bo’lgan gul g’unchasini eslatardi.

Erkaklarning sochlari piril-piril yaraqlab turgani, soqollari alohida e’tibor bilan olingani uchun yuzlaridan ko’rkamlik ufur urayotgani, deyarli hammasi boshdan oyoq yangi kiyim kiygani darhol diqqatni tortardi.

Xotin-qizlar ham qimmatbaho va xushbichim kiyimlarini ilk bor shu majlisga kiyib kelganlari ular ko’zlarining tagi bilan bir-birlarini kuzatayotganlaridan ham ma’lum edi.

Umrida galstuk-bo’yinbog’ bog’lamagan otaxondan tortib, hayotida ilk bor to’pig’i baland tufli kiygan qizga qadar o’z hollaridan mamnun edilar. Ularning nafaqat tashqi ko’rinishlari balki ichki dunyolarida ham qishning o’rtasida quyoshga aldangan borliq kabi uyg’onish hissi, umid yaproqlari qimirlayotgandi. Shu damda hammaning yuziga urgan umumiy ichki tuyg’usi bor edi: mag’rurlik. Bu his qalblarida gulxan bo’lib yonarkan ayni paytda yuzlarini ham yoritayotgan, ko’zlaridan nur bo’lib atrofga oqayotgandi.

Xoh buyurtma bilan saylangan, xoh tanish-bilish bilan ro’yxatlarga kirgan, xoh kurashga otilgan millatvakillaridan qaysi biriga nazar solsangiz o’zini katta ishlar oldida mas’uliyatli his etishga chog’langanini ko’rasiz. Bu holning tabiiy yoki soxta ekanligini bir qarashda anglash mushkul. Ammo ularni ilgaridan tanigan odam bu o’zgarishni odim otishlarida, atrofga razm solishlarida, hatto salom-alik jarayonida bo’rtib chiqqanini sezib oladi. Qaysi bir ma’noda millatvakillari shoshib qolganga o’xshardilar.

Karimov zalga kirib kelar ekan, kimdir o’rnidan turdi, kimdir esa o’z xayollari og’ushida sevinch so’qmoqlarida yugurib yurardi, yana kimdir tarki odat amri mahol degandek, majlislarda o’rganib olgani kabi jon-jahdi bilan qarsak chalardi.

Majlislar zalining ko’rinmas, ammo his qilajak salobati bor edi. Karimov buni bir necha yil oldin bu erga ilk bor kelganida sezgandi. Vaqt o’tishi bilan bu salobatga o’rganib qolgan bo’lsa-da zaldagi notanish nigohlar bilan qo’shilib, bu kuch uni yana mag’lub etdi. Birdan tizzasi titrab, qo’llarining payi bo’shaldi. Esankirab qolgan odamdek zinaga qanday oyoq bosishni bilmay qoldi. Ba’zan bir, ba’zan esa ikki zinapoyani hatlab, minbarga chiqdi. Birdaniga fikrida chaqmoq chaqnadi. Yanglishgandi. Chunki majlisni u emas Markaziy saylov komissiyasining raisi ochishi kerak edi. Shu bois oniy bir hamla bilan orqaga qaytdi va pastga tushib birinchi qatordan o’ziga ajratilgan o’rindiqqa “cho’kdi”.

Markaziy saylov komissiyasining raisi millatvakillarini tabriklagach, so’zni faxriy raisga berdi. Karimovning tavsiyasi bilan poytaxt ijroqo’mining raisi Hoshimov parlament raisi va komissiyalar a’zolari saylangunga qadar majlisni boshqarish uchun vakolatli qilingan edi. Hoshim Hoshimov yoshi etmishga etib qolgani uchun yozib berilgan stsenariyni arang o’qirkan, zalda avvaliga engil kulgi, keyin esa norozilik alomati o’laroq g’ala-g’ovur boshlandi. Ammo hech kim bu noroziligini ochiq aytishga jur’at qilmadi. Birinchi bo’lish hamma vaqt qiyin, chunki birinchi bo’lishning ortida yo maqtov yoxud tanqid, yo qahramonlik, yoxud xoinlik kabi tamg’alar yotadi. Shu bois ko’pchilik noroziligini yonidagi sherigiga aytish bilan kifoyalanadi.

Zaldagi g’ala-g’ovur tinmas ekan, Mirtemir o’rnidan turdi:

-Menda taklif bor.

Etmish yillik umrida stsenariydan chetga chiqmagan Hoshim Hoshimov uchun bu bir zarba bo’ldi. U boshini ko’targancha Mirtemirga tikilib qoldi. Mirtemir esa u eshitmadi, shekilli, deb o’yladi-da, gapini takrorladi. Hoshim Hoshimov nima qilay, degandek Karimovga qaradi. Uning holidan Karimovning ham jahli chiqqandi, shekilli, boshini xam qilgancha, o’z yog’ingga o’zing qovril degandek indamay o’tiraverdi. Zaldagi shovqin-suron masxaraomuz tus oldi. Ba’zilar ko’pchilikka eshittirib kula boshladilar. Ba’zilar esa yonlaridagi sheriklariga baland ovozda shikoyat qila boshladilar. Karimovning asabi dosh bermadi. U o’rnidan turib, minbarga chiqdi va faxriy raisning yoniga o’tirdi.

Yana u deb o’yladi Mirtemirga qarab. O’zini ko’rsatib qo’ymoqchimi yoki mansab uchun o’yin boshlayaptimi? Balki televizordan xalqqa ko’rinib mashhur bo’lmoqchidir? Yoki buni ataylab tayyorlashganmi? Ikki og’iz iliq gap bilan o’tqazib qo’ysammikan? Yo’q, bundaylar betga chopar bo’ladi. Mana bu lattaning qilg’iligi uchun ham meni ayblaydi. Qani, eshitib ko’raychi, nima taklifi bor ekan?

-Nima taklifingiz bor edi?

-Birinchidan, kichik zaldagi mikrofonlar katta zalga o’rnatilsa, nur ustiga a’lo nur bo’ladi. Ikkinchidan esa, faxriy raisni almashtirib, mana bu g’ala-g’ovurga chek qo’yish kerak.

-Men ichkaridagi etti-sakkiz taklifingizni yana takrorlayapsiz deb o’ylagandim. Birinchi taklifingizga qo’shilaman. Darhol qator oralariga mikrofon qo’yishsin. Ikkinchi taklifingizga ham qo’shilaman. Majlis ruxsat bersa, bu ishni men davom ettirsam.

Karimov majlisdan ruxsat ham olib o’tirmasdan raislik qila boshladi. Hoshim Hoshimov esa elkasidan tog’ tushgan odamdek engil tortib, Karimovning yonida savlat to’kib o’tiraverdi. Parlamentga kimning rais bo’lishini hamma bilardi. Chunki ikki kun oldin Kompartiya kengashida Ibrohimovning nomzodi raislikka ko’rsatilgan va bu matbuotda e’lon qilingandi.

Mirzaolim Ibrohimov esini tanigan kundan buyon partiyaning eshiklaridan kirib-chiqib yuribdi. Yoshi nafaqa olishga etganda parlament raisligiga nomzodi ko’rsatildi. U haqda avval Karimovning o’zi gapirdi, keyin oldindan tayyorlab qo’yilgan ma’ruzachilar so’zga chikdilar. Ibrohimovni shu qadar maqtadilarki, hatto Karimovning ko’nglida hasad uyg’ondi. Kommunist partiyasida ish emas, faoliyat emas, tarjimai hol muhim o’rin tutardi. “Begona” millatvakillari esa Ibrohimovni tanimas ham edilar. Balki shu sababdanmi unga hatto savol ham berilmadi. Yo’liga bo’lsa ham saylov o’tkazildi. Undan keyin navbat o’rinbosarlariga keldi. Karimov birinchi o’rinbosarlikka Bugrovning nomzodini ko’rsatdi.

-Bugrov davlat tilida gapirishni biladimi? -deya luqma tashladi kimdir.

Hamma ovoz kelgan tomonga qaradi, lekin kim luqma otganini bilishmadi. Luqma otgan Shovruq Ro’zimurodov edi. Karimov ham u o’tirgan tomonga olazarak nigohlarini qadadi, gapni uzatib o’tirmaslik uchun Bugrovga murojaat qildi. Bugrov minbarga chiqdi: -Salyam-alyaykum, az-az bilyapmiz… urganyapmiz, -dedi Bugrov.

Karimov mamnun bo’lib qarsak chaldi. Zaldagilar ham unga qo’shilishdi. Hatto ba’zilar “Ofarin, o’g’il bola ekan, tilimizni o’rganib olibdi”, deya baqirib ham yubordilar. Bugrov esa shu to’rt kalimadan boshqasini bilmasdi. Ammo uning rais o’rinbosari bo’lishi uchun shu to’rt kalima kifoya edi.

32. MUHARRIR

Parlament komissiyalari a’zolarini saylash ham Karimovning iborasi bilan aytganda silliq o’tdi. Biroq uning ko’nglini og’ritgan narsa ikkinchi kun yuz berdi.

Karimov ertalab muharrir Ahmadjon Muxtorov bilan birga choy icharkan:

-Masala kun tartibida yo’q. Asli u sizning tashabbusingiz. Men ham o’ylab yurgandimu lekin qaror qilmagandim. Siz xayolimdagi xom narsani pishitdingiz. Endi majlisga ham o’zingiz olib chiqasiz. Qolaversa, siz yuqoridan mehmon bo’lib keldim desangiz, SSSR Xalq deputati sifatida tarafsiz kishi ekanligingiz ko’rinadi, -dedi unga.

-Uch-to’rtta mahmadana bola o’tib qolganga o’xshaydi. Shu bois o’zimizning odamlardan so’zga chiquvchilarni tayyorlash kerakmidi?

-Bu yog’ini bizga qo’yib bering.

-Baribir ham ularning nutqlariga bir ko’z tashlasam yomon bo’lmasdi. Biror kurmak o’tib ketmasin deyman-da.

Karimov kostyumining yon cho’ntagidan bir dasta kog’ozni olib muharrirning oldiga tashladi. “Yuragiga yaqin olib yurgan ekan” degan fikr muharrirning xayolidan yashin tezligida lip etib o’tib ketdi.

-Bu nusxalari. Agar jiddiy gap chiqib qolsa, mening nomimdan o’zlariga aytasiz. Yoki Baxtiyor Nazarovga aytasiz. -dedi Karimov.

Kim bo’ldi ekan bu, deb o’yladi muharrir. Ha, topdi. Adabiyotshunoslik institutining direktori edi. Maslahatchilikka olinibdi. Demak, ma’ruzalarni u yozayati. Qiziq, qanday qilib Karimovning nazariga tushdi ekan? Kim tavsiya qilishi mumkin? Nega Karimov bu ishni menga topshirmadi? Balki kichkina ish deb o’ylagandir va ovora qilgisi kelmagandir? Yoki majlisga yangi ruh, yangi gap olib kelmoqchi bo’ldimi? Yoki mening yozish uslubim unga ma’qul kelmadimi? Unday bo’lsa saylovoldi nutqini qayta-qayta e’lon qildirarmidi? Bugungi majlisga ataylab da’vat etarmidi? Muharrir nutqlarni o’qiyotganga o’xshab ko’rinsada, aslida Baxtiyor Nazarov jumbog’ini cho’zish bilan ovora edi. Uning fikrini Karimov bo’ldi:

-Bularga ko’p ham e’tibor bermang. Asosiy gap sizniki.

-Ha, ignachining ming urgani temirchining bir urgani bilan barobar demoqchisizda.

-Majlisda ham ana shunday maqollardan uch-to’rttasini ketma-ket ishlatib yuborsangiz hammani mot qilasiz. Umuman, maqolni ko’proq qo’llash kerak. Menga ham besh-oltita to’plab berib qo’ying. Xalqqa pul emas, non emas, suv emas yoqadigan gap kerak. Gap bilan ham qornini, ham ko’zini, ham qulog’ini to’ydirish mumkin. Maqol esa to’yimli ozuqa.

Muharrir qorin bilan quloqni to’ydirishga tushundi-yu, ko’zni qanday qilib to’ydirishga tushunmadi. “Ozuqa” degan so’z ham unga og’ir botdi, chunki maqolni ozuqa, xalqni esa hayvon o’rniga qo’ymoqda deb o’yladi. Aslida esa Karimov “ozuqa” bilan “oziq-ovqat”ni ayni ma’noni tashigan so’zlar deb tushunardi. Muharrir hozir anglatib o’tiradigan payt emas, deb o’yladi-da, ko’nglidagi boshqa savolni o’rtaga tashladi.

-Nazarimda rasmiyat uchun bo’lsa ham hukumat raisi lavozimini saqlab qolish kerak. Butun dunyoda shunday lavozim bor. Ammo asosiy vakolatni o’zingiz qo’lga olasiz. Shu sababdan bu nomzodni ham o’ylab qo’yish kerakmikan?

-To’g’ri, -dedi Karimov. Garchi buni o’ylab qo’ygan bo’lsa-da muharrirga. -Xo’sh siz kimni tavsiya qilasiz, -dedi.

-Mirabror aka yaxshi ishlab turibdilar. Ammo parlament yangi, hukumatga ham yangi qon berish kerak. Qolaversa, do’stingiz Shukrullo Mirsaidov eng yaxshi nomzod. Oliy kengash raisi Vodiydan, hukumat raisi poytaxtdan bo’lsa, muvozanat saqlab qolinadi. Har doim shunga rioya qilinardi.

Bu men o’ylab yurgan gaplarni yo ba’zi joylardan eshitib olgan yoki haqiqat shu bo’lgani uchun fikrimiz bir joydan chiqayapti, deb o’yladi Karimov. Hozir indamasam, keyin mening aytganimni qildi, deb ko’kragiga urib yuradi. Shuning uchun hozirning o’ziyoq to’g’onni bostirishim kerak. Bu odam tahlikali, unga ishonish qiyin. Yo’qotish uchun yaqinlashtirayapman uni. Menimcha rahbarlikning eng yaxshi usullaridan biridir bu. Kadrlarni biror bir lavozimda uzoq ushlamaslik kerak. Yo’qotish uchun avval yaqinlashtirish, sir asrorini o’rganish va nozik joyiga o’nglanmaydigan qilib tepib yuborish darkor. Mana buni esa hozir sevintirmog’im kerak. O’shanda majlisda yana ham ilhomlanib gapiradi…

-Sizga tobora qoyil qolayapman, -dedi Karimov muharrirga. -Ahmadjon aka yo farishtasiz yoki ilohiy odamsiz…

Muharrir “farishtasiz” kalimasining ikki ma’nosi borligini o’ylagan bo’lsa-da lekin Karimov uni farishta deyayotganiga shubha qilmadi. Karimov esa so’zda davom etdi:

-Men o’ylab turgan narsani folbindek aytib berdingiz. Sizni menga Xudoning o’zi yubordi. Bir umr aka-ukadek yonma-yon yashaymiz. Yulduzni istasangiz uzib beraman. Uzolmagan takdirimda narvon qo’yib beraman, o’zingiz chiqib uzib olasiz.

-Siz ham shoir bo’lib ketdingiz.

-Tilni yaxshi o’rganib olay, she’r qanday yozilishini ko’rsatib qo’yaman bularga…

Muharrir “bular” kimligini tushunmadi. Kimlarni nazarda tutayapti ekan? Balki shoirlar bilan gapi qochib qoldimi? Ammo shoirlar orasida bunga qarshi chiqadigani yo’q-ku? Ha, topdim. Uch-to’rtta yosh shoir muxolifat bayrog’ini ko’tarib yuribdi. Buning yuragiga ular g’ulg’ula solishgan. Bu qadar nutqlarga e’tibor qilayotgani, majlisdan bu qadar cho’chiyotgani ham ana shundan. Lekin yomon odamga o’xshamaydi. Ko’p gapi samimiy. Agar gaplari yolg’on deydigan bo’lsam, boshdan oyoq hamma gapiga ishonmasligim kerak. Aytganini qilayapti. Mening aytganimni ham qaytargani yo’q. Ming marta shukur qilish kerak. Ilgarigilar bizga o’xshaganlar bilan mana shunday choy ichib o’tirisharmidi? Balki ichishgandir ham. Biz qayoqdan bilamiz? Mana bizning birga nonushta qilganimizni kim biladi? Nima bo’lganda ham bu mening yordamimga muhtoj. Muhtojni esa ostonadan haydamaydilar.

Karimov muharrirdan “izn olib” majlis zalining orqasidagi boshqa xonaga o’tdi. Muharrir esa gazeta tahririyatiga sim qoqib, o’rinbosarini chaqirdi.

Nutqlarni o’qib bo’lguncha o’rinbosar etib keldi.

-Kechirasiz, ruxsatnomam bo’lishiga qaramay ichkaridagi xonalarga kiritishmadi. Biroz tortishdik.

-Hechqisi yo’q, Anvarjon, mana bu nutqlarni birovga ko’rsatmasdan terishga bering. Mana bu esa mening nutqim,-u cho’ntagidan o’zi qoralab qo’ygan sahifalarning nusxasini olib muovinga berdi. -Birinchi sahifaning sarlavhasi “Prezidentlik mustaqildir!” bo’lsin. O’ttiz oltilik shriftda yozdiring. Harflar quyuq-moyli bo’lsin. Sarlavha ostidan Karimovning bayroq yonida turgan rasmini joylashtiring. Mana bu nutqlarni esa och bo’yoqli harflarda terdiring. Men ostini chizgan jumlalar katta harflar bilan yozilsin. Tayyor bo’lgach, sahifani shu erga olib keling, men yana bir marta o’qib beraman.

-U yoqda boshqa gazetadagilar ham ko’rib qolishlari mumkin.

-Ko’rsalar ko’rarlar. Oyni etak bilan yashirib bo’lmaydi. Zotan,  rahbarimizning mustaqil bo’lishi taklifini tushdan keyin men o’zim kiritaman. Nafaqat boshqa gazetalar, Moskovdagilar ham eshitadi. Shu bois ruscha xabar tayyorlab qo’ysangiz, ularga ham o’zimiz jo’natamiz. Anvar “xo’p-xo’p” degancha muharrirdan ayrilib, kirish eshigi yonida turgan Mavlonning yoniga bordi:

-Ahmadjon aka mana bu nutqlarni berdilar. Gazetaning sarlavhasi ham tayyor. Masala majlisda ko’rilmasdan mish-mish tarqalib ketmasmikan?-dedi u Mavlonga sekingina.

-Hozir Islom aka bizlarni qabul qilmaydi. Faqat KGBning raisi u kishining oldiga kirib chiqishi mumkin. Kechikmasdan bu gapni unga ayting.

-Qanday bo’larkin?

-Nima, o’z rahbaringizdan cho’chiysizmi?

Anvarning rangi oqarib ketdi. Nima deyishni bilmay qoldi.

-Qo’rqmang, qo’rqmang, mendan boshqa hech kim bilmaydi. Sizni men o’zim taklif qilganman-ku. Ko’ngilni to’q qiling, jo’rajon. Bundan keyin birga ishlaymiz. Mening bilishimdan faqat Karimov xabardor. Hozir esa tezroq boring, kechiktirmang!

Mavlon o’rinbosarning elkasiga urib qo’yarkan, jilmayib qo’ydi. O’rinbosar ham unga jilmayish bilan javob qildi-da, ko’zdan g’oyib bo’ldi. Majlis binosida KGB uchun ajratilgan maxsus xona bor edi. U erga har kim ham kirib chiqa olmasdi. Anvar shu xonaning yoniga keldi -da, eshikni taqillatdi. Ichkaridan “kim”degan ovoz eshitildi.

-“Qishloq Haqiqati”… o’rinbosar…

Eshik ochilib, novcha yigit ko’rindi. O’rinbosar qandaydir hujjatni yigitga ko’rsatdi-da, ichkariga kirdi.

-Tez borib zaldan raisni chaqirib keling! -dedi Anvar.

Bir lahzada yigit tashqariga chiqib ketdi va oradan hech narsa o’tmay Melkumov ostonada ko’rindi. KGB raisi ichkariga kirdi, yigit esa eshikni yopib, tashqarida qoldi.

Melkumov o’rinbosarning qo’lidagi qog’ozlarni darrov nusxaladi. Nusxalash apparatidan chiqqan varaqlarni yig’ishtirib, xonadan otilib chiqib ketdi. Orqasidan kuzatib qo’ygan yigit qaytib keldi-da Anvarga “Chiqavering, hech kim yo’q” ishorasini berdi. Anvar  eshikdan chiqarkan, avval chap, keyin o’ng tomonga nazar soldi-da, majlis zaliga olib boradigan yo’lak bo’ylab yurib ketdi.

KGB raisi voqeani Karimovga tushuntirib berarkan:

-Bulardan bir nusxasini o’rinbosar olib ketdi. Qo’lidan olib qo’yishim to’g’ri bo’lmasdi. Gap-so’z ko’payardi,-dedi.

-Nima qilsang qil, hozircha hidi chiqmasin. Moskva eshitib qolsa, qo’rqadigan joyim yo’q. Lekin radio-televidenie jar solishi mumkin. Ish bitgandan keyin o’zlarini osishsa ham farqi yo’q. Hozircha esa o’rinbosar yonida saqlasin.

Karimovning planiga ko’ra bu ish parlamentda tasodifan o’rtaga chiqib qolishi va uning yo’q deyishiga qaramay mustaqil rahbar sifatida saylab yuborishlari kerak edi. Moskvaga ana shu javobni tayyorlagandi. Shu bois ham Ahmadjon Muxtorovning ishidan ranjidi.

-Unga ko’z-quloq bo’linglar. Ayniqsa tush paytida yolg’iz qoldirmanglar. Mavlonga ayt, yonidan qimirlamasin. U bilan hisob-kitobni esa vaqti kelganda qilamiz. Hozircha eshagimizning jilovi uning qo’lida…

Bu voqea Karimovni sarosima holiga tushirdi. O’zini qo’yarga joy topolmay qoldi. Ammo uzoq o’ylab o’tirmadi. Raisni chaqirdi-da:

-Tushdan keyingi masalani hozir hal qilamiz. O’zingiz ana u muharrir bilan gaplashing, majlisni ochishingiz bilan so’zga chiqsin. Qolganlarni ham ogohlantirib qo’ying,- dedi.

Rais chiqib ketar ekan, Karimov o’n marta o’lgandan bir marta o’lgan yaxshi deb o’yladi. Bo’ladigan ish qancha oldin bo’lsa, shuncha yaxshi. Cho’zib o’tiramanmi? Ishqilib ana u tirranchalar qopishib o’tirsin-da. Tushdan keyin bo’lganda ancha charchab qolishardi. Buning ustiga tushlikni yog’lik qilib buyurgandim, Anhorning bo’yida mazza qilib bugungacha tushlariga ham kirmagan ovqatlarni eb olishgach, majlisda qorinlarini silab, mudrab o’tirishardi. Bu ablahning rejamizni buzib qo’ygani yomon bo’ldi.

Eshik ochilib Kraynov ko’rindi.

-Boshladi, -dedi u.

Karimov apil-tapil o’rnidan turib, minbarga olib chiqadigan yo’lakdan o’tib, o’z o’rniga kelib o’tirdi. Bu paytda Ahmadjon Muxtorov yugurgancha minbar tomon oshiqayotgandi. Bo’yi kalta bo’lgani uchun minbar uning vujudini bo’yniga qadar “yashirdi”. Zalda o’tirganlar faqat boshini ko’ra olardilar, xolos. Buning ustiga mikrofonlar ham balandda edi. Ahmadjon aka so’zga chiqaverib, bu ishning havosini olgani uchun, shoshmasdan mikrofonlarni pastga tushirdi va tomog’ini qirib, yo’talgan kabi manzara yaratdi-da o’ziga xos ohangda dona-dona qilib gapira boshladi:

-Men sizlarning hukmingizga havola etmoqchi bo’lgan masalani uzoq o’yladim. Hatto fikrlarimni qog’ozga ham tushirdim. Lekin bu qog’ozdan o’qib beriladigan gap emas. -Ahmadjon aka bu bilan o’zidan keyin so’zga chiqadiganlarni qiyin ahvolga tushirdi. Ular bunga parvo qilmasdan nutqlarini o’qib bersalar, uning so’z bobida mohirligi yaqqol ko’zga tashlanadi. O’qib bermasdan erkin gapirishga urinsalar, baribir uning kabi so’zlarning “qosh-ko’zini” bo’yay olmaydilar. Har ikki holda ham zafar uniki. Bu fikrni u oldindan o’ylab ham ko’rmagandi. Ammo shu lahzada xayolining qaysi bir so’qmog’idan ana shu fikr o’tgani uchun bir zum gapirishdan to’xtab, zaldagilarga termuldi va jilmaydi. Ularni intiq qilmoqchi bo’lgandek minbarning o’ng tarafida turgan bardoqdagi suvdan bir qultum ichdi va so’zda davom etdi:

-Jumhuriyatimiz tarixida bugun ilk bor jasoratli qadam o’rtaga otilishi kerak. Millatimizni haqoratlashdi, madaniyatimiz, an’analarimizni oyoq ostiga olishdi, ustimizdan kulishdi, kiygan to’nimizdan do’ppimizga qadar masxara qilishdi, ishongan tog’larimizni o’g’ri deya muttahamni olib qamagandek tahqirlashdi, xotin-qizlarni tergovga tortishdi, sharaf va nomuslarini erga urishdi – biz esa jim. Etar! Bu yuk tegirmon toshidan ham og’ir. Agar bu yukni ko’targan taqdirimizda tegirmondan un keladigan bo’lsa, kelmasin. Ochimizdan o’lsak o’laylik. Ammo tegirmonga suv quyayotganlarning o’yinchog’iga aylanmaylik…

Karimovning ko’ziga zalda o’tirganlar quloqlarga aylanib qolganga o’xshab ko’rindi. Bu quloqlar ding bo’lib, mikrofondan kelgan so’zlarga asir tushgandi. Karimov ham vujudida qandaydir titrash his etdi: Qani edi men ham ana shunday gapira olsam, odamlarni titratsam. Ha, u shu paytda o’zi sevmagan odamga ham hasad, ham havas qilayotgandi. Hasad va havasning qorishiq tuyg’uga aylanishi uni xayol yo’laklariga etaklasa-da, ortga qaytishga majbur edi. Chunki mikrofondan takror-takror uning ismi eshitilmokda.

Ahmadjon aka esa unga chin yurakdan ishongan va samimiyligiga tan berganidan ilhom bilan gapirardi:

-Agar prezidentlik tizimini joriy qilsak va o’z rahbarimizni mustaqil deya e’lon etsak, Moskovda xalqimiz nomidan gapira oladigan va xalqimizning nafaqat sharaf-nomusini balki manfaatini ham himoya qila oladigan kuchga ega bo’lamiz. Bugungi siyosiy sharoitda kuchsizning chumoli qadar ahamiyati yo’q. Oltinlarimiz tashib ketilmokda, paxtadan tog’lar bunyod etib, kafan qidirib yuribmiz, Orolni quritib qo’yib, kelajagimizni dahshatli tahlikaga ro’baro’ qildik, qishloqlarimiz xarob, bolalarimiz va onalarimiz och, dalalarda ishlashdan boshqa narsani bilmaydilar, yana biz yomon. Ha, boshini eggan inson ham kaltak eydi, ham haqini boy beradi. Shu sababdan bugun xalqimizning vijdoni bo’lgan bu parlament o’z ovozini chiqarsin. Jumhuriyatimiz rahbariga mustaqillik berish va uning vakolatlarini kengaytirish tariximizdagi buyuk inqilob bo’ladi. Bugun bu qarorga imzo otsak, kelajagimiz uchun imzo otgan bo’lamiz. Bu bilan Moskovdagi to’ralarning qarshisiga o’zimizning jasoratli rahbarimizni chiqargan bo’lamiz! Bu bilan orzularimiz amalga oshadigan kurashga maydon ochgan bo’lamiz! Sizni bu masalani kun tartibiga kiritishga va qo’lingizni ko’kragingizga qo’yib, vijdon haqqi qaror berishga chaqiraman!

Ahmadjon Muxtorov gulduros qarsaklarga hamohang odim tashlab, o’z o’rniga borib o’tirdi. U shu lahzada aytgan gaplaridan iftixor tuyar va bundan hali ming marta pushaymon bo’lishi esa xayoliga ham kelmasdi. U mana shu gaplari bilan o’zining kelajagiga parda tortgani va o’z ajalini taxtga mindirayotganidan bexabar edi.

Karimov esa shu damda xayolga botgan odamning ko’rinishini bermoqchi bo’lgandek, boshini xam qilgancha barmoqlari bilan stolni chertardi.

Rais Mirzaolim Ibrohimov  sevinchdan uchayotgan qush kabi engil ekanligini ko’rsatmoqchi bo’ldi, shekilli, qo’llarini havoda bir-biriga ishqab, o’rnidan bir turib o’tirdi-da masalani kun tartibiga kiritish uchun ovozga qo’ydi. Keyin qo’l ostidagi qog’ozlarni titkilarkan zalga qarab ham o’tirmasdan “Qarshi, betaraf, yo’q, hamma “za”dedi.

Ammo qarshilar ham, betaraflar ham bor edi. Shu sababdan so’z so’rovchilar ko’payib qoldi. Rais esa ularga parvo ham qilmay qo’lidagi ro’yxatiga qarab ma’ruzachilarni chaqira boshladi. Ularning aksariyati rahbarlar edi. Biri Karimovning tarjimai holini o’qib berdi. Qolganlari esa uning siyosiy tashkilotchiligi, rahbarlik qobiliyati, usta yo’lboshchiligi, insoniy xislat-fazilatlari, oiladagi ibrati, ilm bobidagi muvaffaqiyatlari, tajribali iqtisodchiligi kabi boshqalarda oz uchraydigan “taraf”larini har turli dalillar, voqealar bilan “isbotlab”berdilar. Ammo o’z ixtiyori bilan so’zga chiquvchilar ham jim turmadilar. Soatlab o’rta qatorlardagi mikrofonlar yonidan uzoqlashmadilar. Karimov esa bundan norozi edi. Bularning milliy g’ururi ham yo’q, deb o’yladi. Agar bunday g’urur bo’lganda, Muxtorovning gaplaridan keyin uyg’onardi. Balki uyg’ongandir, balki mening foydamga gapirishar? Mansab, lavozim olish, ko’zga tashlanish uchun bundan qulay fursat bormi? Ularga so’z beraman. Agar qarshi gapiradigani chiqsa, qanotini sindirib tashlayman. Bu erda faqat mening masalam emas, balki millatning taqdiri hal bo’layotganini aytib, sharmisor etaman. Bolani bolalikda tarbiyalamasang, keyin boshingga chiqib oladi…

33. AYOL

-Nega kutib turganlarga so’z bermayapsiz, adolat qiling, adolat qiling,hurmatli rais. Ular ham shu millatning farzandlari. Aytadigan gaplari bordir? -dedi Karimov raisga.

Karimovning bu gapidan keyin navbat kutib turganlar harakatga keldilar.

-Ukajon, kechadan buyon faqat siz so’zga chiqayapsiz, -dedi rais mikrofon yonida turgan yigitga karab. Ana u do’ppili ukamiz esa umuman so’zga chiqqani yo’q. Biz adolatli bo’lishimiz kerak. Elga navbat sherga navbat. Hozir so’zni uchinchi qatorda o’tirgan do’ppili ukamizga beramiz.

Do’ppili yigit o’rnidan turib:

-Men so’z so’raganim yo’q, -dedi.

-Bu masalada so’z so’rash kerak emas. Biz demokratiya qurayapmiz, oshkoralik zamonida yashayapmiz. Har kim o’z fikrini aytishi kerak, -dedi rais maslahatomuz ohangda.

-Mendan gapni emas, ketmon urishni so’rang. Siz gapiring men eshitaman, -dedi haligi yigit. Zaldagilar kulib yuborishdi. Kimdir sodda qishloq yigitining askiyasidan miriqib kulsa, yana kimdir raisning o’yinidan kulardi. Karimovning esa jahli chikdi. Raisga ham qarab o’tirmasdan:

-So’z mikrofon yonida turgan singlimizga, -dedi.

Karimovning “singlisi”shoshmasdan minbarga qarab yurdi. Bularga qo’l uzatsang elkangni uzib olishadi. Ha o’sha mikrofondan gapiravermaydimi, deb o’yladi Karimov. Albatta minbarga chiqishlari kerak. Bu jikkakkina qiz minbarga chiqib, ham bizning ham xalqning ko’ziga ko’rinmasa bo’ladimi? Kichkinagina bo’lsa ham yoqimli ekan. Buni ro’yxatga kim kiritdi ekan? Har holda viloyatning birinchisi o’zi bilan birga olib kelgan bo’lsa kerak…

Karimovning o’zi ham viloyatda ishlaganida poytaxtga kelarkan “zerikib”qolmaslik uchun ana shunday yo’ldosh olib kelardi. Shu bois bu qizni ham viloyat rahbarlaridan birining mulki deb hisobladi.

Ammo sohibining didi baland ekan, deya xayolini davom ettirdi Karimov. Bu qizaloqni unga em bo’lishga qo’ymayman. Qanotimning ostiga olaman, meniki bo’ladi.

Karimov xayollarini tizginladi-da “qizaloq”ning so’zlariga quloq tutdi.

-Ismim Toyiba, o’qituvchiman. Nomzodimni xalq ko’rsatdi. Kommunistlar esa yo’limni to’sdilar. Qarshiliklarni engib bu minbarga qadar etib kelgan ekanmiz, bu bizning kuchsiz emasligimizni ko’rsatadigan omildir. Bu u qadar muhim emas, muhimi bundan keyingilari.

Bu erda Karimovga mustaqillik berishni millatimiz, madaniyatimiz bilan bog’lashdi. Agar siz millat va madaniyatni tushunadigan bo’lsangiz uni mustaqil deb e’lon qiling. Avval millat mustaqil bo’lsin undan keyin Karimovlari!

Biz rahbarning og’ziga qarashga o’rganib qolganmiz. Rahbar aytgan gapni qonun deb bilamiz. Oldin bu zehniyatdan qutulaylik, undan keyin bir kishiga katta-katta vakolatlarni beraylik.

Bugun Karimovni mustaqil deb e’lon qilsak, ertaga u diktator bo’ladi. Bu insonni ozmi ko’pmi tanidik. Gaplari boshqa, ishlari boshqa. Bugun qaror chiqarsak bu qaror jumhuriyatimizni diktaturaga, zulmga boshlaydigan yo’lning debochasi bo’ladi.

-To’xtang, -deya o’rnidan turdi Karimov. -Sizning qushning miyasidek keladigan boshingizdan bu fikrlar chiqishiga hech kim ishonmaydi. Hurmatli deputatlar, men sizlarga haqiqatni aytib qo’yay, kecha tush payti qora kuchlarning baqiroq rahbarlari Anhor bo’yida deputatlarni ovlash bilan ovora edilar. Bu xonim esa ularning tuzog’iga oldinroq ilingan. Ular yozib bergan narsani yodlab olib, mana bu erda to’tiqushdek takrorlamokda.

-Kechirasiz, men o’z fikrimni aytayapman. -Toyibaning bu so’zlarini Karimovning sasi bosib ketdi.

-Gapni bo’lmang! Yoki madaniyatdan ham yiroqmisiz?

-Axir mening gapimni siz bo’ldingiz-ku? -Toyibaning bu gapini ham hech kim eshitmadi, chunki rais tugmani bosib, asosiy mikrofonni yopib qo’ygandi. Karimov esa jahl bilan so’zda davom etdi:

-Moskovning ikkita muttaham tergovchisi xalqimizning boshiga qancha kulfat soldi. Biz bunga va shu kabi kulfatlarga chek qo’yamiz deb turgan bir paytda mana bundaylarning o’rtaga chiqishi tabiiy. Bundaylar dushmanlarimizning bizning oramizga qadar uzangan qo’llaridir. O’tiring eringizga, muhtaram xonim! Bu mikrofonlar xalqning so’zi aytiladigan mikrofonlardir, bu mikrofonlar siz va siz kabilar uchun yopiqdir!

Toyiba bu qadar bezbetlikni kutmagan bo’lsa kerak, indamay minbardan tushdi. Mikrofonlar yonida turgan deputatlarning gaplarini ham hech kim eshitmadi. Chunki Karimovga yaxshi ko’rinishni istaganlar Toyibaga qarshi ekanliklarini ko’rsatish uchun, qarsak chalib, yer tepayotgandilar. Faqat Shovruq Ro’zimurodovning baland ovozi qarsaklarning bag’rini tilib yubordi:

-Bu odamni saylab bo’lmaydi, -deya faryod tortdi u. Bu faryod xuddi qafasga solib qo’yilgan sherning oniydan ko’kka otilishi kabi edi. Ammo u bilmasdiki, boshi temir panjaralariga urilgach, yana o’z eriga qaytib tushadi. U kuchli sher bo’lishiga qaramay temir panjaralar qarshisida ojiz edi. Shovruq Ro’zimurodovning ikki qo’lidan ikki hamyurti ushlab, o’rniga o’tkazishga harakat qilisharkan, u qalbidan otilib kelayotgan isyonni to’xtata olmasdi: -Bu odamni yaxshi taniyman, viloyatimizni botqoqqa botirdi, xalqimizni xoru zor etdi. Bugun unga mustaqillik bersak, ertaga voy jonimizga!

Zalda g’ala-g’ovur tinmas ekan rais masalani ovozga qo’ydi va yana hech narsa ko’rmagandek “Qarshilar yo’q”deb e’lon qildi.

-Yozib qo’ying, -dedi Karimov. -Bittasi zalni tashlab chiqib ketdi. -U shunday deb zaldan chiqib ketayotgan Toyibani ko’rsatdi. -Yana bittasi esa qarshi. -Karimov bu safar ko’rsatgich barmog’i bilan Ro’zimurodov o’tirgan tomonga ishora qildi.

Mirtemir o’rnidan turib rais Mirzaolim Ibrohimovning yoniga keldi, ammo rais uni tinglamadi va majlisni “yopiq”deb e’lon qildi. Shundan keyingina Mirtemirga yuzlandi:

-Bolam, biror gapingiz bor edimi?

-Qarang, hamma Karimovni tabriklayapti, siz ham kech qolmang demoqchi edim, -dedi Mirtemir kinoya bilan.

Rais kinoyani anglasa-da o’zini sodda-go’llikka urdi:

-To’g’ri aytasiz, aslida birinchi men tabriklashim kerak, -dedi.

Mirtemir esa uning so’zlariga quloq ham solmay majlis zalidan chiqib ketdi…

34. MUSTAQILLIK

Karimov mustaqil rahbar deb e’lon qilingani sharafiga viloyat rahbarlari tomonidan uyushtirilgan ziyofatga shoshayotgandi. Ammo boshqa jumhuriyat rahbarlaridan kelayotgan tabriklarning keti uzilmasdi. U qutlovlarni mamnun qiyofada qabul etar ekan, ko’zini sariq telefondan ayirmasdi. Bu telefon mamlakat rahbari bilan aloqa o’rnatish uchun qo’yilgandi. Aslida Karimov shoshayotgan bo’lib ko’rinsa-da ko’nglining bir chetida qorong’ulik bor edi. “Nimaga telefon qilmadi?”degan savol oqib kelayotgandi ana shu qorong’ulikdan. Nihoyat uning kutgani bo’ldi. Sariq telefon jiringladi.

-O’zingcha mendan tabrik kutayotgan bo’lsang kerak, -dedi mamlakat rahbari. –Ammo sendan bunday harakatni kutmagandim. Seni bu vazifaga loyiq emas deyishganda, yo’lingni ochgandim…

-Men doim siz bilan birgaman. Sizni qo’llab-quvvatlayman, -dedi Karimov o’rnidan turib. Ammo telefonning u tarafidagi kishi uning gaplariga quloq solmasdan so’zida davom etdi.

-Ittifoq shartnomasini tuzib olgandan keyin men o’zim seni bu lavozimga tavsiya qilardim. Lekin hozir orqadan pichoq urding.

-Mening xabarim yo’q edi. Masalani Moskovdan kelgan deputatlarimiz kun tartibiga kiritdilar…

-Eski partiyaviy o’yinlarni yig’ishtir, -deya uning so’zini kesdi mamlakat rahbari Mixail Gorbachyov. -Hammasidan xabardorman. Seni mustaqil qilib qo’yadigan zamon emas.

-Referendumni to’qson to’qqiz foiz qilib beraman. Hamma Ittifoq shartnomasini qo’llab-quvvatlaydi.

-Men nima desam to’ng’izim nima deydi… Referendumda sening fikringga ehtiyojim yo’q. Bizga xalqning fikri kerak. Sening vazifang sharoitni xalqqa tushuntirishdir. Natija ellik bir foiz chiqsin, lekin bu raqam ortida haqiqiy insonlar tursin…

Gap boshqa yoqqa burilib ketganidan Karimov engil tortdi. Indamasdan referendum haqidagi ma’ruzani tingladi. Sariq telefon dastasini o’rniga ko’yar ekan, Kraynovni chaqirdi:

-Ziyofatga kechroq boraman. Hozir esa Iso Xolisni chaqir.

Karimov nega birdan Iso Xolisga ehtiyoj tuyganini o’ylay boshladi. Endi Moskov meni yo’qotish payiga tushadi. Tabiiyki, buni muxolifatning qo’li bilan amalga oshiradi. Mening o’rnimga ulardan birini keltiradi, maydonni bo’sh qoldirmasligim kerak. Yo’lini qilib Moskovdagilarning ko’nglini olishim zarur. Ularga bu ishni nima uchun qilganimni tushuntirishim kerak. Birinchi navbatda u erdagi ijrochilarning haqini etkazish, keyin esa muxolifatni bo’g’ish shart. Har qanday norozilik harakati Moskovga qo’l keladi. Uni menga qarshi qo’llashadi.

Karimov Mavlonni chaqirdi:

-Ertadan boshlab partiya bilan bizning binoni ajratasan. O’zingni kadrlar bo’yicha maslahatchim qilib tayinlash haqida farmon hozirla. Xo’jalik ishlarini yuritadigan og’zi butun, oyog’i chaqqon odam topgin. Yordamchilardan biri partiya ishlarini yuritsa, boshqasi prezidentning ishlarini yuritadi. Kelgusida yana besh-olti yordamchi olamiz. Baxtiyor Nazarovni esa siyosiy masalalar bo’yicha maslahatchi qilib tayinlaymiz.

Karimov shunday deb tortmasidan bir varaq qog’ozni chiqardi. Sahifaning teppasiga “Prezident apparati” deb yozilgandi. Qolgan joylarga kichkina-kichkina to’rtburchaklar chizilgan va ularning ichida ham yozuvlar bor edi.

-Mana senga qo’llanma. Shu asosda yangi idoraning tuzilishi haqida qaror tayyorla.

Shu payt eshik ochilib Kraynov ichkariga kirdi va “Keldi” dedi. Karimov esa Mavlonga qarab:

-Iso Xolisning partiyasiga hukumatga oid binolardan ertagayoq joy berishsin. Ikkita-uchta mashina ham beringlar. Qolganini keyin gaplashamiz, -dedi.

Mavlon chiqib ketarkan, Karimov ham uning orqasidan eshik yonigacha keldi. Ichkariga kirgan Iso Xolis Karimov meni qarshilashga chiqdi deb sevindi, shekilli:

-Ovora bo’lmang, -dedi.

Karimov esa shoshib turgan kishidek, u bilan eshik yonida gaplashdi:

-Uka, talablaringizni ertaga bajarishadi. Bino ham berishadi, mashina ham. Baxtiyorni ham ishga olayapmiz, do’stingiz Maqsad Qulni ham bu erga keltiramiz. Lekin sizga qurultoy uchun katta bir binoni ajratar ekanmiz, butun harakatni ergashtirsangiz kerak, deb o’ylagandik. Mayli, oziga baraka deydilar. Lekin qolganlarni nima qilamiz?

-U erda uch-to’rtta dordan qochganlar qoldi. O’z-o’zidan yo’q bo’lib ketadi. Chunki xalqning ruhini tashiganlar biz bilan birga.

-Ha, sizni chaqirishimning sababi, mamlakat rahbari Gorbachevga saboq berib qo’yganimni aytish edi. Bizning mustaqil bo’lishdan boshqa yo’limiz yo’q ekanligini ham bildirib qo’ydim. Paxta monopoliyasini tugatish, yoshlarimizni askarlikka yuborishda kafolat istashimiz kabi masalalarni ham shartta-shartta gapirdim. Bu yog’iga sizdan dastak kelib tursa, bas. Birgalashib hammasini amalga oshiramiz.

-Biz mustaqillik deklaratsiyasini tayyorlayapmiz, -dedi Iso Xolis. -Xudo xohlasa, bu eng katta dastak bo’ladi.

Karimovning birdan avzoyi buzildi.

-Bu ishga ham shoshmasligimiz kerak, -dedi zaharxandalik bilan. Birdaniga tirnoqni etdan ajratib bo’lmaydi.

-To’g’ri, -dedi Iso Xolis, -biz e’lon qiladigan deklaratsiya umumiy tarzdagi bayonot. Ya’ni orzuimizning ifodasi bo’ladi. Zotan, deklaratsiya degani qonun emas, balki printsiplar bayonotidir. Ya’ni o’z oti bilan deklaratsiyadir. Uning printsiplari qonunlarda yoyib ko’rsatiladi.

-Bo’pti, -dedi Karimov Iso Xolisning elkasiga urib qo’yar ekan. -Ammo hammasidan meni xabardor qilib turing.-Darvoqe, ikkita uy so’ragan ekansiz, uni ham hal qildik.

-Qulluq…

Karimov shunday deb shosha-pisha chiqib ketarkan, ko’ngli ancha tinchigandi. Nega Iso Xolisni chaqirganini ham endi tushundi. Muxolifat nomidan norozilik bayonoti tarqatilsa, Moskovdagilarga qo’l kelishidan qo’rqqandi. Demak, bayonot yo’q. Hammayoq sokin…

35. HUJJAT

Mustaqillik g’oyasi hamma joyda to’lqinlangan va bu to’lqin birin-ketin sohillardagi qoyalarni yiqitayotgandi. Ba’zi jumhuriyatlarda bu to’lqin qarshisiga tanklar, sipohlar olib chiqilsa-da, to’xtatishning imkoni bo’lmayotgandi. Chunki bu to’lqinning orqasida engib bo’lmas kuch – xalq bor edi. Bu to’lqin estirayotgan shamol har bir eshikdan ichkariga kirayotgan va insonlarning qalblari, shuurlarini qitiqlayotgan edi. Oliy kengashning rayosatida ham bu masala o’z-o’zidan kun tartibiga keldi.

-Bugun bo’lajak majlisning kun tartibini muhokama kilayapmiz, -dedi Mirtemir rayosatda so’z olarkan. -Bilaman, rayosatimiz yuqori bilan maslahatlashmasdan qaror chiqarolmaydi. Hech bo’lmasa mustaqillik bayonotini tayyorlaydigan guruhni tuzishi mumkindir. Hozir hamma jumhuriyatlarda bunday hujjat qabul qilinmoqda. Bizda ham xalq, ijodkorlar, muxolifat shu talabni ilgari surishmoqda.

-To’g’ri, -deya Mirtemirni qo’lladi Alijon Qo’chqorov degan millatvakili. –Mana men uzoq yillar partiya markazqo’mida ishladim, lekin bugun mustaqillik deya to’lg’anayotgan yigitlarga qo’shilaman. Bu bir yo ikki kishining tashabbusi emas. Bu butun xalqning dardi. Shu sababdan unga qo’shilmasdan va uni qo’llab-quvvatlamasdan ilojimiz yo’q.

Rais Mirzaolim Ibrohimov hech narsaga “yo’q” demas edi. “Xo’p” derdi, qo’llardi, lekin amalga oshmay qolaverardi. Alijon Qo’chqorovdan keyin Erkin Vohidov ham bu masalani qo’llab gapirarkan, rais “bo’pti” dedi.

-Men hurmatli Islom akaga o’zim tushuntiraman. Masalani majlis kun tartibiga kiritamiz, -dedi Ibrohimov.

-Lekin tavsiya qilinadigan kun tartibi qo’lingizda, hoziroq unga kiritib qabul qilish kerak, -dedi Mirtemir.

-Tushunaman, yoshlarning qoni qaynab turadi. Ammo bu masala juda ham jiddiy, uni ikki og’iz gap bilan hal qilib bo’lmaydi, -yumshoq ohangda e’tiroz bildirdi rais.

-Biz ham masalaning jiddiyligi uchun avval bayonot tayyorlaydigan guruh tuzishni taklif qildik, -dedi Mirtemir.

-Bolam, bizga imkon bering, agar yo’lini topsak guruhsiz ham bu masalani hal qilamiz…

Karimov rayosatdagi bu tortishmani videolentadan tomosha qildi. Raisga telefon qilaman, deb turgandi, lentaning davomidagi yozuv diqqatini tortdi. Rayosat binosining hordiq chiqaradigan joyida Mirtemir bilan Iso Xolisning suhbati edi bu:

“-Yaqinda sizlarni ham hokimiyatga qo’shib, ag’daramiz, -dedi Iso Xolis Mirtemirga.

-Sizlar deganingiz kim? -so’radi Mirtemir.

-Nega rayosatda mustaqillikni qo’llamadingizlar?

-Taqsir, axborotni doim noto’g’ri olasiz. Esingizda-mi, saylov arafasida mening okrugimga borgan edingiz. Ijroqo’m binosi yonida uchrashdik. “Nomzodingni qaytarib ol, bu erdan mening do’stim Ahmad A’zam saylanishi kerak” degandingiz. O’shanda sizdan “Bu uslubning kommunistlarnikidan nima farqi bor?” deb so’raganimda “Kommunistlarni yiqitish uchun bu uslubni qo’llayapmiz” deya javob qilgandingiz. Men esa “Kommunistlar hech bo’lmasa oldin o’rganib, keyin zarba urishadi. Sizning do’stingiz nomzodini qo’shni okrugdan qo’ygan, uni Kompartiya ro’yxatidan ko’rsatishgan” degandim. Mana bugun ham bizga po’pisa qilayapsiz. Vaholanki, bizning mustaqillik va demokratiyadan boshqa dardimiz yo’q.

-Avval mustaqillik keyin demokratiya…

-Ikkalasini ham barobar amalga oshirishimiz kerak.

-Yo’q, unda Moskovga o’xshab qolamiz. Ularning shiori demokratiya. Biz esa mustaqillik uchun kurashamiz, keyin demokratiya uchun.

-Bu gapingizni Toyiba eshitib qolmasin, sizni Karimovning odami deb e’lon qiladi…”

Tasvirning davomini tomosha qilishga Karimovning sabri etmadi. “Kim kimning odamligini ko’rsatib qo’yaman, hali”, deb o’ylarkan Ibrohimovga telefon qildi:

-Rayosatni otxonaga aylantirib yuboribsan-ku, -dedi ruschalab. -Nega tirranchalarning oldida qulluq qilasan? Nega ularni rayosatga kiritasan? Nima uchun hamma narsaga men javob berishim kerak? Nega ularga Moskvadan ajralishimiz mumkin emasligini tushuntirmading?

-Agar ularni eshitmasam shu gaplarni katta majlisda aytishardi-da.

-Quloq sol, majlisda bu gap o’rtaga chiqmasligi uchun Vohidovni tayyorla. U majlisda bayonot yozadigan guruhni tuzish taklifi bilan chiqsin. Guruh a’zolarining ro’yxatini birga tayyorlaymiz. Guruh bayonotni necha yilda yozib bitirishini esa o’ylab ko’ramiz. Darvoqe, Vohidovga aytib qo’y, qo’lida ishlayotgan jo’jaxo’rozlarning popugini pasaytirib qo’ysin. Bo’lmasa, o’zini ham, ularni ham quvaman!

…Majlis kuni Iso Xolis yarim sahifalik bayonot loyihasini tarqatdi. Shu kuni Xalq harakatining ham mustaqillik haqidagi takliflari yozilgan varaqa deputatlarning qo’liga etib kelgandi. Mirtemir majlis oldidan do’stlarini yig’ib:

-Bularni taklif qilgan bilan biror narsaga erishmaymiz. Natijaga erishish uchun majlisning ish tartibini o’zgartirish kerak. Birinchi bo’lib kotibiyatni qo’lga olaylik, -dedi.

-Bu to’ntarish degani. Bunga oldindan yaxshilab tayyorlanish lozim edi, -dedi Alijon Qo’chqorov.

-Bizdan nima ketdi. Sinab ko’raylik. Mirtemirning qanday taklifi bor? -dedi Toshpo’lat Jo’raev.

-Oldindan tayyorgarlik ko’rsak, baribir sezib qolishardi. Majlis ochilishi bilan kotibiyat e’lon qilinar ekan, har birimiz bittadan nomzod ko’rsataylik. Ular o’n besh nomzod ko’rsatishsa, biz o’n olti kishini ko’rsataylik. Majburan ovozga qo’yadi. O’tgandan keyin bizning odamlar kotibiyat majlisida rais nomzodini o’zimizdan ko’rsatsin. Chunki majlisning takdiri kotibiyat raisining qo’lida. Butun ro’yxatlar, qarorlar uning qo’lida bo’ladi. U esa birortasini ham raisga bermaydi, senariysiz majlis o’tkazamiz deb e’lon qiladi. Millatvakillarining talablari sifatida mustaqillik bayonotlarini ham kun tartibiga kiritishni so’raydi…

-Qiyin, ammo boshqa yo’limiz yo’q, -deya tarqalishdi ular.

…Majlis boshlanib, rais kotibiyatni ovozga qo’yarkan, Mirtemir o’rnidan turdi:

-Menda taklif bor. Kotibiyat a’zoligiga yangi nomzodlar ham ko’rsatilsin.

-Ukam, hech jim o’tirmadingiz. Kotibiyatga u a’zo bo’ldi nima, bu a’zo bo’ldi nima? Mana menda taklif bor, siz rais bo’ling va ro’yxatingizni o’qing.

Mirtemir shoshib qoldi, chunki qo’lida ro’yxat yo’q edi. Ammo bunday imkoniyatni boy bermaslik uchun cho’ntagidan yon daftarchasini chiqardi-da, go’yo unga ismlar yozilgandek, aslida esa xayoldan, yangi nomzodlar ro’yxatini o’qiy boshladi. Oliy kengashda birgalikda faoliyat ko’rsatayotgan do’stlarining hammasi bu “ro’yxatda” bor edi.

Mirtemir va do’stlari kotibiyatdagi joylarini egallashar ekan, Karimov majlisga kirib keldi. U minbarda kotibiyat uchun ajratilgan joyda o’tirganlarni ko’rib ularga hayratomuz termuldi-da, “salom” degandek Mirtemirning elkasiga urib qo’ydi va raisning yoniga borib “cho’kdi”.

Mirtemir raisdan so’z so’radi.

-So’z kotibiyat raisiga, -dedi Ibrohimov.

Mirtemir o’rtadagi minbarga chikdi-da:

-Rayosat taklif qilgan kun tartibi aniq. Lekin istagan odam kun tartibi bo’yicha taklif kiritishi mumkin. Kotibiyatga kelgan takliflaringizni albatta oshkor etamiz. Mana bu ro’yxat esa oldindan tayyorlab qo’yilgan, uni yirtamiz. -Mirtemir shunday deb, qo’lidagi qog’ozlarni ikkiga bo’lib, yirtdi.

-So’zga chiquvchilar ham kotibiyatga taklif bersinlar, biz ro’yxatni takliflarning kelgan soat, daqiqasiga qarab tuzamiz, -dedi.

-Men qaysi qog’ozga qarab ish yuritaman, -deya kinoya qildi Ibrohimov.

U Karimovning kelib qolganidan vahimaga tushgandi, chunki Karimov bugun ertalab qo’nalg’aga borishi va xorijdan keladigan bir shirkat raisi bilan vodiyga ketishi kerak edi. Shu bois Mirzaolim Ibrohimov Karimovning yo’qligidan foydalanib, “demokratiya mashqi” o’tkazib, obro’sini biroz tiklab olmoqchi bo’lgandi.

-Kun tartibiga qarab raislik qilaverasiz, -degan Mirtemir minbardan tushib, o’rniga kelib o’tirdi. Karimov esa o’rnidan turdi-da, qo’l siltab chiqib ketdi. Uning nimaga kelib, nimaga ketganini xech kim tushunmadi.

Aslida esa Karimov majlis zaliga Shukrullo Mirsaidovga ba’zi gaplarni aytib qo’yish uchun kelgandi. Orqadagi xonada Shukrulloni kutib o’tirarkan, ichkariga ulab qo’yilgan radiodan majlisdagi tortishuvlarni eshitib qoldi. Raisga tanbeh berib qo’yish uchun ichkariga kirdi, ammo rais qo’rqqanidan unga qayrilib ham qaramadi. Vaqti oz qolayotgani uchun yana orqa tomondagi xonaga keldi. Bu erda uni Mirsaidov kutib turgandi.

-Do’stim, -dedi unga Karimov, -o’tgan majlisda ikkalamiz bir inson ekanligimizni xalqqa ochiq aytdim. Sening mard, halol, qo’rqmas ekanligingni ham yashirganim yo’q. Qolaversa, oldingi rais bilan seni taqqoslab, ustunligingni ko’rsatib berdim. Endi o’zingni ko’rsat.

-Men tayyorman, nima qilishim kerak?

-Boya mamlakat rahbari Gorbach telefon qildi. Mustaqillik bayonoti haqidagi gap-so’zlardan xabar topibdi. Juda ham g’azabda. Meni hatto xoinlikda aybladi. Kelayotgan mehmonning esa ahamiyatini bilasan. Dunyodagi eng yirik avtomobilsozlik korxonasining boshlig’i. Hadya uchun kkita maxsus tayyorlangan “Mersedes” olib kelgan. Bittasi seniki. O’q o’tmaydigan. Gap hadyada emas. U odam dunyoni qo’lida ushlab turgan bir necha shaxsdan bittasi. Unga yurtimizda korxona ochishi uchun imkon yaratsak va bunga uni ko’ndirsak, bulbul qo’limizga qo’ngan bo’ladi. Shu sababdan katta boshimni kichik qilib, uni o’zim olib yuribman. Qaytib kelishga harakat qilaman. Men kelmasdan turib, mustaqillik masalasi o’rtaga chiqadigan bo’lsa, jon hisobiga bo’lsa ham to’xtatib turasan. Ana u “latta”ni esa ertaga byuroda, keyin kengashda muhokama qilib, ishdan haydaymiz.

Shu payt eshik ochilib, ichkariga Mirtemir kirdi. Qo’lida bir dasta maktub va mustaqillik bayonoti loyihalari.

-Millatvakillarining deyarli barchasi mustaqillik bayonotini qabul qilishimizni so’rashayapti, -deya gap boshladi u. Ammo Karimov uning gapini oxirigacha eshitmadi.

-O’sha millatvakillaringiz qisib o’tirsin, -deya qo’lini musht qilib ko’rsatdi.

-Sizni madaniyatli odam deb eshitgandim, -deya gap boshladi Mirtemir.

Karimov yana uning so’zini kesdi:

-Bu deputatligingiz uzoqqa bormaydi. Qolganlarniki ham. Mustaqillik esa xoinlik. Buncha xalqni ochdan o’ldirmoqchimisizlar? Gapirishni bilasiz hammang, men esa gadoygacha o’tiradigan erini belgilab berishim kerak.

Mirsaidov vaziyatni yumshatmoqchi bo’ldi, shekilli, gapga aralashdi:

-Nima ekan o’zi bu loyihalar? -dedi.

-Men loyihalarni bu erga olib kelmasligim mumkin edi, ammo bir yuz oltmish etti millatvakil  imzo otgan va Prezident nomiga murojaat yozishgan. Istasangiz, cho’ntagingizga solib qo’ying, bizda muhokama qilish uchun boshqa nusxalari bor, -Mirtemir shunday deb qo’lidagi qog’ozlarni Karimovga uzatdi. Ammo qog’ozlarni Mirsaidov oldi. Karimov esa 167 raqamini eshitib, bir lahza esankirab qoldi. Keyin Bosh vazirning qo’lidan ro’yxatni olib, ism-shariflarga nazar tashladi. “Voy ablahlar, voy nonko’rlar”der ekan, loyihalarni o’qidi-da, sakkiz satrlisini Mirtemirga uzatdi:

-Mana shunisini majlis oxirida ko’rib chiqishsin, -dedi.

Mirtemir indamay chiqib ketar ekan, Karimov Bosh vazirga yuzlandi:

-Bu bolalar bilan adi-badi aytib o’tirishga holim yo’q. Agar boyagini muhokamaga qo’yishadigan bo’lishsa, mustaqillik degan so’zlarni “suverenitet” kalimasi bilan almashtirib, Moskovning qonunlari hududimizda o’z kuchini saqlab qoladi, degan qo’shimcha bilan qabul qilish mumkin. Keyin istasak qaytadan yozamiz, istasak e’lon qilmaymiz. O’zingiz so’zga chiqib, buning bir parcha qog’ozligini tushuntirib bering, bular hali iqtisodning “i” harfini bilishmaydi…

Bayonot muhokamaga qo’yilmasdan oldin Vohidov so’zga chiqdi:

-Mustaqillik hayotimizning eng muhim va eng kerak masalasi. Shu sababdan bu hakda bayonot qabul qilish uchun maxsus hay’at tuzishimiz kerak. Bunga yozuvchilar, shoirlar, huquqchilar, olimlar, muxolifat, siyosat arboblari, xullas hamma sohadan vakillar kirsin. Shunday bir hujjat qabul qilaylikki, dunyo bizga qoyil qolsin. Sixni ham kabobni ham kuydirmasdan ish qilaylik…

Vohidovdan keyin so’zga chiqqan Iso Xolis uning taklifiga qo’shilarkan, bu hay’atni shu zahoti tuzib, majlis oxirida bayonotni qabul qilish kerakligini aytdi. Keyin Bosh vazir so’z oldi:

-Bu bir varaq qog’oz. Hamma narsa shu bilan hal bo’lib qolmaydi, -dedi u. -Masalaning iqtisodiy tomonlarini ham ko’rib chiqishimiz kerak. Men bilan yonma yon o’tiradigan deputat “Bog’cha qurish ahamiyatlimi, mustaqillik bayonotimi?” deb so’radi. Ana shu savolning o’zi ko’rsatayaptiki, bu masalani bir hay’atga yuklashimiz va butun takliflarni inobatga olgan holda o’rtaga chiqarishimiz kerak. Mana mening qo’limda ikkita loyiha bor. Xo’sh, buning qaysi birini qabul qilamiz? Ko’rib chiqaylik. Men majlisda tanaffus e’lon qilinishini va butun viloyatlarning vakillari yig’ilib, bu masalani muhokama qilishlarini taklif qilaman.

Tanaffus e’lon qilindi. Kichik zalda bayonot loyihasi tortishilar ekan, ikki loyihani birlashtirib, bu erda aytilgan takliflarni ham inobatga olgan holda yangi bir matn tayyorlash uchun Mirsaidov, Mirtemir, Iso Xolis, Ibod To’raev va Oygul Mamatovadan iborat hay’at tuzildi. Hay’at yarim tunga qadar loyiha ustida ishladi.

Karimov mehmoni bilan Vodiyni kezib qaytgach, ertasiga ertalab majlis zaliga etib keldi.

-Kecha yarim tunga qadar loyihani ko’rib chiqdik. Bugun muhokamaga qo’yishdan boshqa ilojimiz yo’q, -deya matnni Karimovga uzatdi Mirsaidov.

Karimov matnni qo’liga oldi-da:

-Men ko’rgan loyiha bu emas edi. Qani Mirtemir chaqiringlar, -dedi.

Mirtemir kirib kelishi bilan:

-Bu nima? -deya unga baqirdi.

-Bu mustaqillik bayonoti, -dedi jiddiy ohangda Mirtemir.

-Men bilan o’yin qilma! Qani kecha menga ko’rsatganing!

-Meni sensiramang, -dedi Mirtemir va qayrilib chiqib ketdi.

Bu paytda majlis boshlangan va Mirsaidov allaqachon minbarda edi. Karimov esa zalga kirmay, o’tirgan xonasida tortishuvlarni tingladi. Kompartiyaning yangi ikkinchi kotibi Efimov loyihaga qarshi gapirdi. Keyin mafkura kotibi Hamidov ham uni qo’lladi. Ammo ko’pchilik mustaqillik tashnasi ekanligi sezilib turardi. Mirzaolim Ibrohimov tortishuvlar bitar-bitmas masalani ovozga qo’ydi va yana zalga ham qarab o’tirmasdan “Bir ovozdan qabul bo’ldi” deb e’lon qildi. Hamma o’rnidan turib qarsak chalarkan, Efimov, Hamidovlar ham bu shiddatli sel kabi oqimning kuchiga dosh berolmay oyoqqa qalqqandilar. Rais “do’ppilik yigit” degan millatvakili to’nining ichida saqlagan milliy bayroqni o’rtaga olib chiqdi. “Yashasin mustaqillik!” deya hayqirdi. Uning bu hayqirishi tog’larda aks sado berganidek qator oralarida takrorlana boshladi. “Mustaqillik!”deya hayqirayotganlar qandaydir o’y-fikrlarga emas, qalblariga quloq solayotgandilar. Karimov gul stoli ustida turgan radioni tepib yubordi. Radio erga borib tushganda ham undan zaldagi hayqiriqlar eshitilib turardi.

Bular jinni bo’lgan deb o’yladi Karimov. Nima ish qilishayotganini bilishmaydi. Mana bu erda baqirib-baqirib ketishlari oson, ammo Moskovga kim javob beradi? Hozir mana bu binoning qarshisiga to’rtta tankni keltirib qo’yishsa, nima qilamiz? Balki boshqa jumhuriyatlarda qon oqqanidan qo’rqib, bunga jur’at qilishmas. Hatto mustaqil ham bo’ldik, deylik, armiyani nima qilamiz? Byudjetimizda bir tiyin pulimiz yo’q. Afg’onistondan sakkiz kishi qurol ko’tarib kelsa, hammayoqni bosib oladi. Buni ham qo’yib turaylik. Xalqqa qaerdan maosh beramiz. Men o’zi nimalarni o’ylayapman? Jilov kimning qo’lida?

Karimov ikkinchi kotibni chaqirdi:

-Bor, Moskov bilan gaplash. Eshitib qolib, o’pkalari og’izlariga kelmasin. Bu qarorni bekor qilamiz, -dedi.

Keyin Hamidovni chaqirdi. Majlisning bu qismi televizorda ko’rsatilmasin, matbuotga berilmasin, bor, chorasini ko’r, -dedi va so’ngra Mirsaidovni chaqirdi va:

-Qo’lingizdagi matnni hech kimga ko’rsatmang, qaytadan yozamiz,-dedi unga.

-Bu matndan bir nusxa Mirtemirda ham bor.

-Uning qo’lidan ham oling.

Shu payt Vohidov Nurali Qobul degan millatvakili bilan kirib keldi va Karimovni samimiy ohangda qutlay boshlashdi. Karimov hech narsa bo’lmagandek qutlovlarni qabul qilarkan, Shukrullo Mirtemirning yoniga keldi:

-Sizdagi nusxani Islom aka so’rayapti, -dedi.

-Nega? -dedi Mirtemir ham Mirsaidovni qutlarkan.

-Oshnalaringizga ayting, ketib qolishmasin. Buni qaytadan yozishmoqchi.

Mirtemir eshikdan chiqib ketayotgan Iso Xolisni to’xtatib, voqeani unga bildirdi. Keyin boshqalarni ham ichkariga chaqirdi.

-Bizga bu hujjatni o’zgartirmoqchi ekaningiz xabari etib keldi, -dedi Iso Xolis Karimovga.

-Sizdan bexabar ish qilamizmi? -dedi Karimov.

-Bu parlamentda qabul qilindi. Endi uni o’zgartirish qandoq bo’larkin?-so’zga aralashdi Nurali Qobul.

-Efimov aytgan ba’zi takliflarni kiritinglar. Keyin parlament yana bir marta qabul qiladi.

-Parlament qabul qilishi mumkin, lekin..,-Nurali Qobulning so’zi og’zida qoldi.

-Bo’pti, bo’pti, men roziman, -dedi Karimov uning so’zni bo’lib.- Boringlar Efimovni ko’ndiringlar!

Sal narida turgan Efimov Iso Xolisning qo’lidan ushlab, chetga tortdi:

-Hozirgina Moskov bilan gaplashdim. Ikkita o’zgartirish albatta kiritilishi kerak!

Men bu masalada bor yo’g’i bir elchiman. Islom Abdug’anievich Moskva bilan gaplashishimni iltimos qildi. Elchiga o’lim yo’q, deyishadi.

-Xo’sh, nimani o’zgartirish kerak?

-“Mustaqillik” o’rniga “suverenitet”deb yozamiz. “Moskva qonunlari hududimizda yurmaydi” degan bandni olib tashlaymiz. Qolgan yigirmata tuzatish esa juz’iy.

Ular stol yonida o’tirib matnni tortisha boshladilar. Karimov esa ular tomonga qarab masxaraomuz jilmaydi-da, “Bo’pti, men Qozog’istondagi majlisga kechikayapman”, deya chiqib ketdi…

Millatvakillari oqshomni bayram kayfiyatida o’tkazdilar. Bir-birlarini ziyofatga chaqirdilar, qutladilar. Ammo na televizorda, na radioda mustaqillik haqida bir jumla ham so’z yo’q edi. Ertalabki gazetalarda ham bu muhim voqea “unutilgandi”.

Mirtemir va mehmonxonadagi do’stlar yig’ilishib, nima qilish kerakligini maslahatlashishdi. Norozilik bayonoti yozib e’lon qilamiz, degan qarorga kelishdi. So’ngra Mirtemir Hamidovga sim qoqdi.

-Biz ham shuning dardida uxlamay chiqdik, -dedi Hamidov. -Boshqa norozilar ham bor, Islom akaga telefon qilayapmiz, bog’lanishning iloji bo’lmayapti…

Karimov Moskovdan biror bir e’tiroz olmagach, ichkarida g’alayon chiqmasin, deb poytaxtga qaytishi bilan huquq tartibot organlarini oyoqqa turg’azdi.

Keyin Efimovni chaqirdi:

-Tayyorlagan matningni olib kel, -dedi.

Matnni sinchiklab o’kirkan, bir necha joyini tahrir qildi.

-Majlis ikki oydan keyin bo’ladi. To’rtta tirranchadan boshqa e’tiroz bildiradigan yo’q. Mana bu matn esa Moskovning qarashlariga zid emas. Moskov bilan gaplashdim, muxolifatni tinchlantirish uchun yana ham kuchaytirishingiz mumkin, deyishdi. Lekin bayonotdagi talablarni kuchaytirsak, keyin javobini Moskov emas, biz berishimiz kerak. Shu sababdan mana shuni e’lon qil, -dedi Karimov. -Byuro majlisida Ibrohimov masalasini muhokama qilamiz va kengashda ishdan olishni qarorlashtiramiz. Bularning hujjatlarini ham tayyorlab qo’y.

36. PO’RTANA

Byuro majlisida Karimov Ibrohimovni haqorat qila boshladi:

-Burningdan ip bilan bog’lab sudrashlariga yo’l qo’yding! Kunimiz sen kabi lattalarga qoldi. Yo ishla, yo ket! Sen iflosni tuqqan o’sha qanjiq onangni yuziga qarab o’tiradigan yo’q bu erda!

Shunday deb Karimov musht bilan stol ustidagi oynaga urdi. Oyna parchalanib ketdi.

Mirzaolim Ibrohimov munkayib qolgan choldek, bosh egib o’tirardi. Keksa odamning bu qadar tahqirlashi, buning ustiga onasini haqorat qilishi Mirsaidovni jumbushga keltirdi. U o’rnidan turdi-da:

-Byuro majlisi yopiq, chiqib ketishlaringiz mumkin, -dedi.

-Sen kimsan, kimga buyruq berayapsan, nima haqqing bor byuroda o’zingni ko’rsatishga, bu erda mening gapim o’tadi. -Karimov ham o’rnidan turib Mirsaidovga baqirdi.

-Haqoratlar byurodan tashqarida qolsin, dedim. Nega nafaqaxo’r odamni ishga keltirdingizu nega uning onasini haqorat qilasiz? Ishlay olmayotgan bo’lsa, “Ket!” deng ketadi, -dedi Mirsaidov.

Karimov qo’chqordek otilib unga qarshi yurdi. Mirsaidov ham bir hamla bilan Karimovga etib oldi. O’rtaga Jo’rabekov kirmaganda byuro majlisi jang maydoniga aylanardi.

Ular biroz jahllaridan tushib, bir-birining aybini do’stona ohangda aytisharkan, byuro a’zolari qochib qolishgandi.

Karimov har qancha yumshoq ohangda gapirmasin ichida “Hamma narsaning vaqti bor, seni ham tikan ustida yugurtiradigan kunlar keladi. Do’st degani doim dushman chiqarkan-da” deb o’yladi.

Mirsaidov ham bu voqea do’stliklarini darz ketkizgan zarba bo’lganini angladi.

Shu payt Kraynov kirib:

-Mirzaolim Ibrohimov xonasiga etishi bilan yiqilib qoldi, yuragi to’xtab qoldi, xastaxonaga jo’natishdi, -dedi.

Mirsaidov “Ko’rdingmi oqibatini” degandek, Karimovga qarab qo’ydi-da chiqib ketdi. Karimov esa Kraynovga:

-Agar o’lib qolsa, ertaga motam e’lon qilamiz. O’lmasa, nafaqaga jo’natamiz. Chunki uning hukmini biz emas, uning o’zi o’qidi, -dedi.

Karimov qo’shni xonaga kirdi-da, muzlatgichni ochib, nimadir qidirdi. Nima qidirayotganini o’zi ham bilmagan odamdek muzlatgichning ravonlariga uzoq tikilib qoldi. Shu damda boshi bo’m-bo’sh huvillab qolgandi. U xayol ko’chasiga kirishga qo’rqar, ammo fikrlar har tarafdan bulutlardek bostirib kelayotgandi. Bu bulutlar orasida uzoq-uzoqlarda Ibrohimovning oppoq dokadek oqargan yuzi va Mirsaidovning Karimovni masxara qilayotgandek kulib turgan chehrasi goh yaqinlashib, goh uzoqlashib “borib kelaverdi”.

Yo’q, dedi Karimov o’zi-o’ziga, men kuchliman! Meni kimlarningdir tazyig’i enga olmaydi. Balki bu tazyiq emasdir?! Balki rostdan ham chegarani yo’qotib qo’ydimmi? Yo’q, Ibrohimovni ishga keltirar ekanman, unga shartlarni ochiq aytgandim. Yo mening odamim bo’lasan yoki hech kim! Yo mening yo’limga yurasan yoki ko’zimdan yo’qolasan! Men mardga mard, nomardga nomardman! Ibrohimov menga xiyonat qildi. Meni tuzoqqa tushirmoqchi bo’ldi. Agar ana u tirranchalarni o’z yo’liga solganda, men uning mushugini “pisht” demasdim. Indamasam tolni kallaklagan beshikchilarga o’xshab meni ham har tarafdan kallaklashardi. Keyin esa quritib yo vassa qilishardi yo beshik yo tobut. Nimalar deb o’ylayapman o’zi? Beshik… Bularning qo’liga tushgan beshik bo’lishga ulgurmay qurtlarga em bo’ladi, chirib yo’qoladi. Bugunning qonuni bitta: yo qurtlarga em bo’lasan yoki qurtlarga em qilasan!

Ibrohimov mayli-yu ana u nonko’rga nima deyish kerak? Nahotki mansab odamni shu qadar tez o’zgartiradi? Nahotki, yigirma yil do’stlik qilib, uning kimligini bilmadim? Sigirning olasi tashida, odamning olasi ichida deb bekor aytmas ekanlar. Hatto men nohaq bo’lganimda ham Shukrullo betga choparlik qilmasligi kerak edi. U o’zini nabzga ko’ra sharbat asosida ish qildim deb oqlar, lekin mening oldimda bir umrga gunohkor. Chunki uni Bosh vazirlikka men keltirdim. Men oraga kirmasam ana u tirranchalar uni chok-chokidan so’kib, param-parcha etishardi. Oldingi Bosh vazir mard ekan, choponini elkasiga tashlab, indamay ketdi. Niqqini chiqarmadi. O’g’il bola shunday bo’lishi kerak. Balki Shukrullo mening o’rnimga ko’z tikkandir? Shunday bo’lmasa, nega byuro majlisida xo’jayinlik qildi? Nega boshqalar ham mening munosabatimni kutib turmasdan unga quloq solishdi? Nega Shukrullo vajohat bilan menga tashlandi? Nega Jo’rabekovdan boshqa hech kim oraga kirmadi? Nega men hammani orqaga qaytarib, majlisni davom ettirmadim? Nega Shukrulloni ishdan bo’shatish masalasini o’rtaga qo’ymadim?

Nega?! Nega?! Nega?!…

Bulutlar parchalanib do’llarga, do’llar esa savollarga aylanib uning boshiga kelib urilayotgandek, u o’ziga pana joy, asablarini tinchitmoq uchun bahona izlardi. Lekin  muzlatgichda shu damda bu “bahona”yo’q edi…

37. SOHIB

Erdan ko’tarilayotgan hovur bilan quyuq tuman qorishib atrofni qoplab olgandi. Bu kishini biqtiruvchi manzara bo’lishiga qaramay, necha kundan buyon o’zini qo’yarga joy topolmay yurgan Karimovning bugun har qachongidan kayfi chog’ edi. Chunki paxta plani to’lgandi. Ilgarigi paytda bo’lganda-ku Moskovdan ham maqtov, ham orden undirardi.

Hozir esa hatto telefon qilib, bir og’iz rahmat aytishmadi. Karimov buning uchun qayg’urmadi. Aksincha xursand bo’ldi. Demak, Moskovning u bilan ishi yo’q. Butun jumhuriyat o’zining hukmida. Viloyat birinchilari sim qoqib, tabriklab turishibdi. Boshqa tomondan esa paxta plani to’lishi Gorbachev bilan gaplashib olish uchun imkon bo’ldi. Aslida bugun kayfiyati ko’tarilgani, ko’ngli ravshanlashgani ham ana shundan. Qariyb bir oydirki o’z yog’iga o’zi qovrilmokda. Bir necha deputatning to’poloni bilan sessiyada iste’fo berib ketishiga oz qolgandi, lekin ko’ngil so’rashmadi.

Xayriyat-ki o’shanda shaytonning gapiga kirmadim, deb o’yladi u. Agar sessiyani tashlab ketib qolganimda, Shukrullo otga minardi. Meni esa otning oyog’iga bog’lab jazoyi qilardi. Garchi atrofimdagilar to’ntarishni Shukrullo tayyorlagan, deb meni ishontirishga urinsalarda, haqiqatni sezib turibman. Shukrullo bu ishga jur’at qilolmasdi. Chunki Ibrohimovni muhokama qilgan byuro majlisidan keyin tavbasiga tayantirgandim. Qo’limda uni sharmisor qiladigan hujjatlar to’plab qo’yganimni ham yaxshi bilardi. Buning ustiga Oliy kengash raisligiga Shavkat Yo’ldoshevni keltirib, Shukrulloning qo’lini ancha bog’lab qo’ydim. Yo’ldoshev jar yoqasida edi. Farg’ona voqealarida jilovni qo’ldan chiqarib, yomon otliq bo’ldi. Shukrullo katta majlisda uning ham qo’li qon deb jinoyatga tortishni talab qilgandi. Oyog’i toyib ketayotgan bir paytda uni qutqarib qoldim. Butun vujudida Shukrulloga nisbatan nafrat ko’pirmoqda. Hatto bir-birining ko’ziga tik qarolmaydigan holga kelishdi. Shuning uchun ham bu sessiyada Yo’ldoshev bilan Shukrulloning og’iz biriktirishganiga ishonmayman. Xavfsizlik qo’mitasi, mana bu maslahatchilar esa Shukrollo uyushtirganini isbotlash uchun dalil to’plash bilan ovora. Bilishadi, undan so’z ochishsa, qaynab ketaman. Shu sababdan doim o’rtaga uning nomini suqishadi. Aslida ular ham Shukrullodan qo’rqishadi. Ammo nega mendan emas, undan qo’rqishadi? Yo’q, mendan ko’proq qo’rqadilar. Qo’rqqanlari yaxshi. Qulni qul qiluvchi qo’rquvdir. U qullikni engdimi, boshga balo bo’ladi.

Aslida bugun Shukrullo haqida nega o’ylay boshladim? U bilan oramizda ko’p gap o’tdi, lekin oxirgi sessiyada agar u minbarga chiqib “Menga vazifa kerak emas” demaganida, ishim bitgan edi. Yo’q, agar uni qo’lga olmaganimda ana u to’polonchilarning yo’liga yurardi. Hozir u hukumatning boshida, qo’lida bir qancha xazinaning kaliti bor. Asta sekin bu kalitlarni olib qo’yishim kerak, keyin yonimda aylanib yuraversin. O’shanda yana ham vafodor bo’lib qoladi.

Bir yomonlikning bir yaxshiligi bor deydilar. Sessiyada kimning kim ekanligini yana bir marta ko’rib oldim. Buning ustiga saylov haqidagi qonunni keyingi majlisga qoldirganim ham yaxshi bo’ldi. Unga vitse-prezident degan lavozim kiritaman. Boshqa joylarda prezident va vitse-prezident birdaniga saylanadi, men esa qonunga uni tayinlash tartibini kiritaman. Saylovgacha Shukrulloni ham, boshqalarni ham xursand qilib turishim kerak. Saylov o’tgandan keyin g’alvirni suvdan ko’taraman. O’shanda g’alvirda kim qoladi-yu, kim qolmaydi, ko’ramiz. Hozir esa buni Gorbachev bilan kelishib olishim kerak. Paxta plani to’lganini aytib, keyin bu masalada ipning uchini ko’rsatsam yashil chiroq yoqib yuboradi…

Karimov bir qarorga kelgan kishidek elkalarini orqaga tortib, ko’krak kerib o’tirgancha Kraynovni chaqirdi:

-Maqsad Qulga ayt, tabrik maktubini olib kelsin, -dedi unga.

Kraynov chiqib ketar ekan Karimov yana o’yga toldi. Bu Maqsad Qul deganlari ancha durust bola ekan. Iso Xolisni qo’lga olish uchun buni tuzoqqa ilintirgandik. Biz kutganimizdan ham ziyoda ekan. Ham Iso Xolisni yo’lga solmokda, ham boshdog’ini yo’qotib qo’ygan gazetachilarni kishanlab turibdi. Buning ustiga ruschasi ham pishiq. Moskva gazetalariga mening nomimdan yozgan maqolalari yuqoridagilarning arazini ancha yumshatdi. Baribir bu bolani nazoratda tutishim kerak. Yana uch-to’rt marta sinab ko’raman, ayniqsa so’kish sinoviga bardosh bersa, baxti kuldi, uni yonimdan ayirmayman.

Shu payt eshik ochilib, ostonada novcha bo’yli, mo’ylovdor Maqsad Qul ko’rindi.

-Hamma kostyum-shim kiyadi, galstuk taqadi, sen esa paxta terishga kelgan talabaga o’xshab kiyinib olibsan, -deya hazilomuz gap otdi Karimov Maqsad Qulning qizlarning ko’ylagi singari uzun sviteriga qarab.

-Zotan bugun paxta ishi bilan bandmiz, -deya tirjaydi Maqsad Qul. –Jiddiyatga kelsak, novcha va ozg’in odamga kostyum-shim yarashmaydi. Kostyum-shim kiyish uchun sizga o’xshab to’lachadan kelgan bo’lish kerak.

-Ammo jur’atli bolasan, qolganlar esa qo’rqoq. Sendan boshqasi bunday kiyinishga va men bilan sen kabi yuzma-yuz gaplashishga qo’rqadi. Ha, darvoqe, kitoblaringni imzolab bermoqchi eding, unutdingmi?

-Astag’firullo, buni unutamanmi? Kraynovga bergandim, tortmangizga qo’ygan bo’lishi kerak.

Karimov egilib tortmasidan ikki kitobni oldi:

-Ha, bular sening kitobing edimi, ko’rib e’tibor qilmabman. Qani, o’qiylikchi, nima deb yozibsan.

Karimov Maqsad Qulning qo’l yozmasini o’qiy olmadi. Kalimalarni noto’g’ri talaffuz qilishdan qochgani uchun qayta o’qishga urinmadi.

-Bunday yozuvlarni muallifga o’qitmoq kerak. Qani, o’zing o’qib berchi nima deb yozibsan?

Maqsad Qul biroz hayajonlandi. Kitobining ilk sahifasida Karimovga xushomadgo’ylik qilgandi. Odatda kitob imzolar ekan hech kim achchiq-alimsoh gap yozmaydi. Ko’ngilni tog’, kayfni chog’ qiluvchi gaplar yoziladi. Maqsad Qul bu gaplarni yozish boshqa, o’qish boshqa ekanligini shu lahzada angladi. Yuragining ostida jimirlagan bir narsa butun vujudi bo’ylab “yugurib ketdi” va kichik bir tomchiga aylanib, burnining ustida paydo bo’ldi. Oniydan “yo’qolib qolgan” tovushini qidirib topish uchun bir-ikki yo’talib oldi-da, Karimovga qo’l uzatib kitobni istadi. “Bug’doyzor”… kitobning nomi ana shunday edi. U bir soniya kitobiga termulib turdi-da, keyin ilk sahifasini ochib yozganini o’qib berdi: “Men tarix sahifalarida tanigan buyuk sarkarda va davlat rahbari Amir Temurdan keyin buyuk jasoratni Sizda ko’rdim. Zotan, temuriylar saltanati surgan zaminning farzandisiz. Sizning yoningizda ishlash Alloh va tarixning menga etgan in’omidir…”

Karimov o’rnidan turib Maqsad Qulning ikki elkasidan ushlab, bir siltab bag’riga bosdi.

-Uka, mard bola ekansan! Hamma ham bu gapni aytishga jur’at qilolmaydi. Bu gapni menga emas, xalqqa ayta olasanmi?

-Aytaman, men ikki yuzli odam emasman. Zotan, Siz haqingizda kitob yozishni boshladim.

-Kitobni qo’y, uka. Hozir bir maqolang ham etadi.

-Maqola emas ocherk yozaman. Biz Sizga davlatni boshqarishni o’rgata olmaymiz, Siz ham bizga qanday yozishimizni qo’yib bering.

-E, yo’q. Juda katta narsa so’rading. Sen mening jonim bilan o’ynayapsan! Senlarga nima yozishni ko’rsatish davlatni boshqarish emasmi?

-Muhtaram  Prezidentim, Siz meni yanglish angladingiz, o’zingiz haqingizda yozishda bizga erkinlik bering.

-Yana bir qadam oldin ketding. Men haqimda mendan so’ramasdan qanday qilib yozishing mumkin. Mening sohibim menman! Sen men haqimda yozishing mumkin, ammo men ko’rib berganimdan keyin sening mulkingga aylanadi.

-Umuman haqsiz, xato menda, -dedi Maqsad Qul Karimovning jahli chiqishidan qo’rqib.

-Baribir yozuvchisan-da, uka, shu erda ham “umuman” degan so’zni qo’shib yubording. Ha, mayli paxta plani to’lgani bilan tabrik maktubida ham ana shunday ortiqcha so’zlar qo’shib yubormadingmi?

-…

Maqsad Qul indamay tabrik matnini uzatdi.

-Faqat ruschami?

-Kraynov Mirtemirga tarjima qildiramiz, degandi.

-Qani, uni ham chaqir, -dedi Karimov Maqsad Qulga.

Maqsad Qul chiqib ketarkan, Karimov Moskovga telefon qildi. U SSSR rahbariga:

-Sizni bezovta qilmoqchi emas edim, lekin raport berib qo’ymoqchiman, paxta planini bajardik,-dedi.

-Rahmat, hozirgi qiyin sharoitda har qanday muvaffaqiyat kelajakka qarab tashlaydigan odimlarimizning poydevori bo’ladi. Har qanday muvaffaqiyat oshkoralik va qayta qurishning mevasidir…

Karimov telefonning naryog’idan kelayotgan nutqni erinmay tingladi, keyin o’zining rejalari, “dardlarini” ham aytdi.

-Faqat o’zingdan ketib qolma, nima istasang, xo’p deyapman. Senga haddan ziyod erkinlik berdim. Buni qadrla. Agar orqangda biz turmasak, bu erkinlikni ikki soniyada qo’lingdan tortib olishadi. Bizga tayansang, demak katta tog’ga tayangan bo’lasan…

Karimov telefonda gaplashayotgan paytda qabulxonadagi qizil chiroq yonardi va bu paytda hech kim ichkariga kirmas edi. Maqsad Qul bilan Mirtemir qizil chiroqning o’chishini kutib, oyoqda gaplashib turishardi:

-Sizning Devonga kelganingiz yaxshi bo’ldi-da, og’a. Aslida Islom aka yomon odam emas, uni birgalashib yo’lga solamiz, -dedi Maqsad Qul.

-Yo’lga solamiz deganlar ko’p, lekin u yo’lga kirsa-da.

-Qarang, sessiyada siz uni nima kunga soldingiz, ammo deputatlarning talabini bajarib, sizni Devonga ishga oldilar.

-Buni ikki xil sharhlash mumkin, -deya javob qildi Mirtemir. -Birinchidan, u kishi meni bu erga ishga olib, boshqalarning ko’ziga sotqin qilib ko’rsatmoqchi. Bu holda ertaga yo’qotib yuborsa ham birovning ishi bo’lmaydi. Ikkinchidan, saylovni o’tkazib olguncha bizlarni kuchsizlantirish uchun shu yo’lga bosh urgan bo’lishi mumkin.

-Siz bu qadar xafaqon bo’lmang, oqsoqol samimiy odam. Mana ko’rasiz, xalqimizga yaxshilikni ravo ko’rgan barcha do’stlarimiz shu devonga yig’iladi. Sizdan oldin do’stingiz Dadaxonni ishga oldilar, boshqalarni ham muhim nuqtalarga keltirayaptilar. Demak, hammamiz oqsoqol bilan qo’sh qanot bo’lib ishlashimiz kerak. Men ko’nglimga yaqin olgan insonlarni “og’a” deyman. Og’a, bilib qo’ying Karimov bizning baxtimiz. Alloh ko’rsatmasin ana u toshkentlik kelib qolsa, hammamiz uchun sichqonning uyi ming tanga bo’ladi.

-Negadir bu erda hamma Shukrullo akadan qo’rqadi. Menimcha bizning eng katta qusurlarimizdan biri mahalliychilik. Toshkentlik bo’lgani Shukrullo akaning aybimi? Umuman, poytaxtda barcha viloyatlardan kelganlar yashamaydimi? Ayniqsa, biz ziyolilar bu xastalikni yo’qotish o’rniga ildiziga suv quyib o’tirsak oqibatimiz nima bo’ladi?

-Og’a, siz bularni tanimas ekansiz. Men shularning yuzidan dorilfununni tashlab, Moskovga ketib qolgandim. Onamdan emgan sutimni burnimdan sug’urib olishgandi. Meni “kelgindi”deya haqorat qilishganini unuta olmayman.

-Agar siz Marsdan tushgan bo’lsangiz, bu so’z uchun xafa bo’lishingiz mumkin. Biroq, bu yer sizning ham vataningiz. Hammamiz shu tuproqning bolalari. Shunday ekan, bir tarbiyasiz o’rtaga chiqib “Sen Marsning bolasi” desa bir umr kin saqlab yurishimiz kerakmi? Men Devonga ishga kelgan kunim Karimov bilan gaplashganimda ikki shartim borligini aytgandim. Birinchisi, mahalliychilikni tan olmayman. O’tgan sessiyani ham poytaxtliklar uyushtirishdi, deb gap tarqatishdi. Lekin so’zga chiqqanlarning ro’yxatiga nazar solsangiz, bu gap ig’vo. Chunki sessiyada Karimovga qarshi poytaxtdan bir-ikki kishi so’zga chikdi, qolganlar esa viloyatlardan. Ikkinchi shartim, har qanday masalani insonga o’xshab tortishuv yo’li bilan hal qilish. Agar meni ishontira olsa, men kin saqlamasdan fikrini qo’llab-quvvatlayman. Agar men uni ishontirsam, u ham mard bo’lsin.

-Menimcha oqsoqol bu shartga rioya qilayaptilar. Hozir Devondagi asosiy masalalarni sizga ishonmokdalar-ku! Boshqa maslahatchilar, yordamchilarning qoni qaynab yuribdi. Ishonchini qozonish uchun sessiyada “Onangni” deb so’kish kerak ekan-da, deb yurganlar ham bor.

-Men “onangni” deb so’kibmanmi?

-Endi, o’sha mashhur gapingizni shunday sharhlashyapti-da, aslida boshqacha sharhi ham yo’q.

-Siz yozuvchi bo’lib shunday xulosa qilsangiz, boshqalardan o’pkalamasam ham bo’lar ekan…

 

38. JAHL

Qabulxonaga qarab ochiladigan kichkina darchadan yugurib chiqqan Kraynov Mirtemir va Maqsad Qulga “Sizlarni chaqirayaptilar” dedi, keyin “Chiroq ham o’chibdi-ku” deya qo’shimcha qildi.

Mirtemir Karimov bilan salomlashar ekan:

-Bugundan boshlab soliqlarni o’ttiz foizga oshiribsiz-ku?! -dedi kinoya bilan.

-Nima deyapsiz o’zi? -Karimov birdan jiddiylashdi.

-Mana bugun gazetalarni o’ttiz foiz oshirilgan bahosiga sotib oldik. Sotuvchi faqat gazetalarga emas, umuman hamma narsaga o’ttiz foiz qo’shimcha soliq solinganini aytdi.

-Yolg’on! -dedi Karimov va Maqsad Qulga yuzlandi. -Sen ham gazeta oldingmi?

-Oldim, kechagidan qimmatroq ekan, baholar oshgandir, deb o’yladim men ham.

-Men xabardor bo’lmasdan qanday qilib baholar oshadi? Bu o’yin, saylov oldidan meni sharmanda qilishmoqchi. Xalqqa narx-navoni oshirmayman, deb va’da bergandim. Saylov oldidan bu o’yinni kim o’ylab topdi?

Karimovning shiddat bilan termulishiga bardosh berolmagan Maqsad Qul:

-Ha, bu orqadan pichoq urishdir. Maxsus uyushtirilgan ish bu! -dedi.

Karimov Mirtemirga yuzlandi:

-Doim meni tanqid qilasiz. Mana o’zingiz ko’rdingiz, meni qanday boshi berk ko’chaga kiritib qo’yishadi.

-Rostdan ham sizning xabaringiz bo’lmasa, u holda tekshirish uchun imkoningiz bor.

-Nafaqat tekshirish, balki bu xoinlarni o’rtaga chiqarib, xalqdan kechirim so’ratish kerak. O’z xatolarini o’zlari tuzatishsin.

-Xalqning oldiga chiqib, uzr so’rashsin, -dedi Maqsad Qul.

Uning bu taklifi Karimovga yoqib ketdi va u Kraynovga Davlat planlashtirish qo’mitasi raisini chaqirishni buyurdi. Maqsad Qul “Ko’rdingmi, boshqarish qanday bo’ladi” degandek mag’rurona Mirtemirga qarab qo’ydi.

Karimov xonada u yoqdan bu yoqqa borib kelar ekan, og’zidan bodi kirib, shodi chiqardi:

-Tabrik maktubini nima qilamiz? -deya luqma tashladi Maqsad Qul.

-Tabrik maktubini orqangga tiqib qo’y, -deya baqirdi Karimov.

Maqsad Qul indamay boshini egdi.

Shu payt xonaga hovliqqanicha planlashtirish qo’mitasi raisi Baxtiyor Hamidov kirib keldi.

-Eshak! -deya uning qarshisiga peshvoz chikdi Karimov. -Nega soliqlar oshiriladi, mening xabarim yo’q?

-Oshirilgani yo’q, -deya qo’lidagi daftarlarni varaqlay boshladi Hamidov.

Karimov bir hamla bilan uning qo’lidagi daftarlarni olib uloqtirdi. Sahifalar ikki xo’rozning jiqqamusht bo’lganida patlar yog’ilgani kabi xonaga sochildi. Mirtemir bu manzara qarshisida hangu-mang bo’lib qoldi. Maqsad Qul esa otasi baqirganda qaltirab qolgan boladek “taxta”ga aylangandi.

-O’zingiz bilan gaplashgandik, -dedi Hamidov sochilib ketgan qog’ozlarni terib olmoq uchun egilarkan.

-Onangni eri bilan gaplashganding! -Karimov yugurib borib Hamidovni tepaman degandi u erdagi varaqni olish bahonasida chap berdi va qaddini rostladi. Karimov bir lahza muvozanatini yo’qotib qo’ydi. Lekin o’zini hamon qo’lga ololmasdi. Vajohat bilan S Hamidovning yoqasidan ushlab sudray boshladi.

-Kim bilan gaplashganding? Qachon gaplashganding? Balki Shukrulloning nayrangidir bu?!

-Bilasiz, men Shukrulloni odam hisoblamayman. Sizdan boshqasining gapini bir tiyinga olmayman. O’zingiz o’ttiz foizlik soliq haqida hujjat tayyorlashni buyurgandingiz. Men shundan boshqa gapni bilmayman. Vazirlarga shu topshiriqni etkazgandim.

-Kimlarga aytganding?

-Savdo vaziri va Narx-navo qo’mitasi boshlig’iga. Keyin Qishloq-kooperativ savdo idorasi raisiga. Ularga soliq solinglar deganim yo’q. Bu boradagi loyihani tayyorlanglar, Islom aka imzo qo’ygandan keyin boshlaymiz, degandim.

-Men senga o’shanda nima degandim, mana bularga takrorla. -Karimov javobni ham kutmasdan telefon yonidagi tugmalardan birini bosib: -Ravil, zudlik bilan savdoni, narxni, birlashuvni top! Yer ostida bo’lsalar quloqlaridan ushla, osmonga chiqsalar oyoqlaridan tort. Ikki daqiqadan keyin shu erda bo’lsinlar. -So’ng Karimov yana Hamidovga yuzlandi: -Nega jim turibsan? Gapir! Bular o’z quloqlari bilan eshitishsin.

-Siz loyihani tayyorla, saylovdan keyin amalga oshiramiz, degandingiz.

-Bekor aytibsan! Loyihani Oliy kengashga taqdim etamiz, agar qabul qilishsa undan keyin sharoitga qarab amalga oshiramiz, degandim.

-Bilmasam, -deya elka qisdi Hamidov. -Bu yog’ini eshitmay qolgan ekanman.

-Eshitish uchun quloqdagi patakni olib qo’yish kerak. Bu ish senga og’irlik qilayapti. Ertadan boshlab Moskovdagi vakolatxonaga ishga borasan, bu sen uchun surgun. O’zingni oqlasang, bir yildan keyin olib kelaman.

Mirtemir Karimovning bu holiga tushunmay qoldi. Rostdan ham uning xabari yo’q deydigan bo’lsak, Hamidov uning yuziga qarab topshirig’i shu haqda ekanligini aytmokda, deya o’yladi. Agar xabardor bo’lsa, nima sababdan bu qadar guvillab yonayapti? Har holda bular saylovdan keyin amalga oshirish uchun ancha-muncha narsa rejalab qo’yganga o’xshashadi. Yoki bizning sessiyadagi janjalimizdan keyin hamma ishni orqaga tashlagan bo’lishsa kerak? Ana shu sirli ishning uchi ko’rinib qolgani uchun Karimov bu qadar qizimokda. Aks taqdirda qo’mita raisini shartta ishdan olmasdi.

Eshik ochilib kotibiyat boshlig’i ko’rindi:

-Savdoni topdim. Narx qo’mitasi raisi Qudrat Axmedov xasta yotgan ekan, o’rinbosari Nina Petrovna keldi. Birlashuvning raisi sizdan izn olib viloyatga ketgandi, o’rinbosari Makaryanni chaqirdim.

-Olib kir! -dedi Karimov.

Chaqirilganlar qo’llarida bir dastadan papka va daftarlar bilan ichkari kirishdi.

-Nima gap? -deya Karimov savdo vaziri Usmonovga yuzlandi.

-Okajon, Pavel okamiz chaqirdilar, keldik.

-Okangni ham, Pavel okangni ham, seni ham onangni (…) bildingmi?

-Bildim, bildim…

-Bilgan bo’lsang, bilganingni ham, bilmaganingni ham (…)dim, bildingmi?

-…

-Nimaga javob bermaysan? Javob ber deyapman sanga iplos!

-…

-Sen poraxo’rga aytayapman, nega jim turibsan? Bu erga haykal bo’lish uchun keldingmi? Gapir, nega o’ttiz foizli soliqni qo’llading?

-Okajon, o’zingizdan izn olgandim-ku?!

-Sen, itvachchaga nima degandim?

-“Orqasidan gapi chiqmasin”, degandingiz.

-Xo’p, sen nima qilding?

-Bugun ba’zi joylarda qo’lladik, xalqdan hech qanday shikoyat bo’lgan emas.

-Senga shikoyat bo’lmagandir, ammo mana menga shikoyat bo’ldi. -Karimov shunday deb qo’li bilan ko’kragiga gurs-gurs etib ura boshladi. -Mana menga shikoyat bo’ldi, mana menga… -Karimov “mana menga” so’zlariga hamohang qo’li bilan ko’kragiga urarkan yana ham jahli chiqib boya ot ustida bo’lsa, endi tuyaga mingandi. Tuyaga minganda ham, tuyaning ustida tikka turgandek edi. Biror tomondan sal shamol esgudek bo’lsa, osmon erga, yer osmonga “qo’shilardi”.

Mirtemirning boshi og’riy boshladi. Chiqib ketsammikan, deb o’yladi. Bu og’ir tomosha nima uchun o’ynalayapti? Mening asablarimni egovlash uchunmi? Balki u bu gaplar men orqali deputatlarga etishini o’ylayatimi? Yoki bu devondagi odatiy holmi? Unday bo’lsa bu odam buncha kuchni qaerdan oladi? Axir bunday vaziyatga oddiy odamning na asabi, na qalbi dosh berolmaydi-ku? Soatlar davomida qil ko’prikning ustida yurgandek baqirib-chaqirarkan nahotki asab torlari uzilishidan qo’rqmaydi, bu odam?

Inson hamma narsaga o’rganadi, degan gap bor. Nahotki, bu odam birovlarni muntazam so’kishga, tahqirlashga, kamsitishga o’rganib qolgan? Agar shunday bo’lsa, voy bu xalqning joniga! O’rganib qolgan takdirda ham bunday hayotdan bezmasmikan odam? Aslida juda qiziq, avvaliga jahli chiqishi tabiiy edi. Lekin keyin o’z aybini o’zi nega ochdi?

Hatto Hamidov bilan Usmonov uning aybini yashirishga urinishar ekan, u takror-takror so’rab, tergovchi jinoyatni fosh qilganidek, o’z aybini o’rtaga chiqarayotgandi. Buni bilmasdan qildimi? Bu odamning bilmasdan bir ish qilishi qiyin masala. Xo’sh, bilgan takdirda bu sirning orqasida nima bor? Yo’q, har holda bu oddiy insoniy masala. Jahl chiqqanda aql ketadi, jahl johillikni boshlab keladi. Bu o’yinni oxiriga qadar tomosha qilolmasam kerak. Chiqib ketsammikan? Agar bu masala mening savolimdan keyin boshlanmaganda, chiqib ketishim to’g’ri bo’lardi. Lekin hozir kutib o’tirishim kerak. Ammo bular nega bu qadar tubanlashib qolishgan?

Onasini haqorat qilayapti, yoqasiga yopishayapti, lekin bir sochi seskanmaydi. Bular mansab gadolarimi? Yoki mansab ortidan to’ralarcha yashashga o’rganib qolganlari uchun qo’rqishadimi? Unday desam, Hamidovni ham kamsitdi, ham ishdan oldi. U esa jim. Nahotki, uning vijdon degan, isyon degan tuyg’ulari yo’q? Nahotki, uning odamiylik hissi o’ldirilgan? Axir bu quldan ham battarlik alomati-ku? Qulning qo’lidagi, oyog’idagi kishan uning tuyg’ularini ham zanjirlaydi. Lekin bularning qo’l-oyog’i ochiq. Balki poraxo’rlik, ko’zbo’yamachilik kabi xastaliklar insonni shu ko’yga solar? Yoki bu qadar tobelik qonda bormi? Agar qonda bor bo’lsa, oxir-oqibatda hammamiz xoru-zor bo’lamiz…

Karimov Nina Petrovnaga qarab:

-Sen nega topshiriq berding, kimdan izn olding? -deya baqirdi.

Nina Petrovna yig’lab yubordi. Bu uning isyoni, deb o’yladi Mirtemir. Bular o’zlarini birovning oyog’ining ostiga tashlashmaydi. O’z haq-huquqlarini himoya qilishni bilishadi. Hatto tahqirlashga loyiq ish qilganlarida ham o’zlarini kamsitishga yo’l qo’ymaydilar. Bu ham kichik mansabdor emas, qo’mita raisining birinchi o’rinbosari. Hech bo’lmasa ko’z yoshi bilan isyon qilmoqda.

-Ko’z yoshingni daryo qil deb gapirganim yo’q! Nega narx-navo oshishiga yo’l qo’yding, deb so’rayapman?

-Bu savolni menga emas Axmedovga berishingiz kerak. Men ijrochiman, hatto bunga qarshi ham chiqqandim. Bu masala sessiyadan ancha oldin amalga oshishi kerak edi, lekin topshiriq bilan to’xtab qoldi. Kechikib, endi amalga oshdi.

-Demak, siz begunoh musicha, biz esa aybdor ayiq ekanmiz-da?

-Kim ayiq, kim musicha ekanligini bilmayman, lekin bu ish xato bo’lganini bilaman.

Karimov Nina Petrovna bilan o’chakishib o’tirmadi, Makaryanga yuzlandi:

-Xo’sh, og’ayni, seni ko’zing qaerda edi? Saunada yotgancha bu qarorga imzo chekdingmi?

-Oka, saunaga borganim yo’q…

-Sen ham eshaklikni o’rganibsan. Seni o’zimning odamim deb u erga qo’ygandim. Sen esa saunadan chiqmay qolding.

-Oka, u erga xizmatga bordim,  Raveljon Moskovdan kelgan mehmonlarni olib bordilar…

-O’chir tovushingni, sen hali mehmonlarimga xizmat qilganingni yuzimga solmoqchimisan? Ular mening emas, jumhuriyatning mehmonlari, kerak bo’lsa orqasini ham tozalab qo’yasan, bildingmi?

-Bildim.

-Nimani bilding?

-… -Makaryan javob o’rniga jilmaydi. Bu esa Karimovni biroz yumshatdi. U:

-Nima qilamiz? – deb Mirtemir va Maqsad Qul o’tirgan tomonga yuzlandi. Mirtemir indamadi. Maqsad Qul esa:

-Televizorga chiqib xalkdan kechirim so’rashsin, -dedi.

Karimov esiga nimadir tushgan odamdek bir silkindida:

-Smirno! -dedi xuddi generallarga o’xshab. -Napravo, shagom marsh, to’ppa-to’g’ri televizorga.

“Musofirlar” prezidentimiz oxirida yumshadilar, deya engil tortib, shaxdam odimlar bilan chiqib ketishayotgandi, Karimov tugmani bosib Kraynovga:

-Nazoratga ol, mana bu haromxo’rlar to’ppa-to’g’ri televideniega borishsin. Ham ruscha, ham mahalliy tildagi axborotga chiqib, kechirim so’rashsin, -dedi. Keyin Mirtemir va Maqsad Qulga qarab:

-Endi choy buyuramiz va axborotni kutamiz, -dedi.

Maqsad Qul Karimovni tamoman yumshadi deb o’yladi va qog’ozlarning ichidan bir shoshilinchnomani chiqardi:

-Mana buni Turkiston harbiy okrugdagi generallar yuborishgan. Ilgari ham aytgandim, shuni bir yoqlama qilaylik, -dedi.

-Hojatxonaga borganingda bir yoqlama qilib qo’ya qol! -dedi Karimov bamaylixotir ohangda.-Yaqinda Turkistonni bitiramiz. Generallarning uylaridan bittasi seniki bo’ladi. Shavkatga yoki Ismoil akangga ayt, seni ham ro’yxatga tirkasin.

Mirtemir o’rnidan turib:

-Uzr, mening boshim og’riyapti, bunday ob-havoga o’rganmaganimdan bo’lsa kerak,-dedi.

-Ukajon, ob-havoni biz qimirlatmadik, -Karimov shunday deb telefon tugmalaridan birini bosdi-da: -Limonli choy bilan bosh og’rig’ini qoldiradigan dori keltiring, -dedi. Keyin Maqsad Qul yozgan tabrik maktubini o’qiy boshladi.

-Tabrik-mabrik yo’q! Ishlagan bo’lsa, hammasi pulini oladi. Biz ham o’z ishimizni qilaylik. Mirtemirjon, yozing, siz saylovoldi uchrashuvlarim uchun nutqlar hozirlaysiz. Iqtisodchilar bilan bo’ladigan uchrashuvda iqtisodga, kolxozchilar bilan bo’ladigan uchrashuvda qochiriq va maqollarga ko’proq o’rin bering. Sen esa Maqsadjon, saylovoldi dasturini tayyorla, yarim qog’ozdan oshmasin, o’n-o’n beshta shiordan iborat bo’lsin.

Yordamchi choylarni olib kelarkan dorini Karimovning oldiga qo’ydi.

-Kaminaning boshi og’rimaydi. Og’risa ham dorisi boshqa, -deya hazillashgan bo’ldi Karimov.

Mirtemir deputatlardan kelgan bir shikoyatni qo’lida olib kelgandi. Ko’rsatsammi, ko’rsatmasammi, deb o’yladi. Ko’rsataman, agar Maqsad Qulga qilgan javobini menga ham takrorlasa, bu ishga nuqta qo’yaman, deb o’yladi.

-Jizzax viloyati rahbari Tursinovning qilmishlari haqida so’rov tushgan. Xalq nazorati qo’mitasi, prokuratura va Oliy kengash hay’atidan mutaxassislar olib, tekshirishga yuborsak. Chunki jiddiy ayblov qo’yilgan,-dedi.

-Uka, men hech kimga ishonmayman. Bu ishning boshida o’zingiz turing. Tursinovning qilmishlari haqida juda ko’p xabar olayapman. Bu ishni kimga ishonsam, baribir Tursinovning tuzog’iga ilinadi. U har qanday odamni sotib oladi. Viloyat ahlining qonini zulukdek simirmoqda. O’zingiz borib, tekshirib keling, sharmandasini chiqarib, olib tashlaymiz. Xalqqa adolatni ko’rsatishimiz kerak. Xalq bizdan boshqa narsa emas, adolat kutmoqda. Tekshirib keling, avvaliga yaxshilab feleton qilamiz, keyin esa muhokama qilib, ishdan olib tashlaymiz, sizning faoliyatingiz ham o’shanda ko’zga ko’rinadi. Iloji bo’lsa bugunoq yo’lga chiqing…

39.TOPSHIRIQ

Mirtemir jizzaxlik millatvakili Meli Qobulovga sim qoqdi:

-Viloyatingizdan yuzdan ziyod oqsoqol imzo chekkan shikoyat bor. Shuni tekshirishda sizdan yordam olmoqchi edim.

-Nima hakda yozishgan ekan? -deb so’radi Meli.

-Viloyat rahbari haqida,-deya javob berarkan, Mirtemir ko’nglidan o’tgan savolni ham so’ray qoldi. -Nega viloyat rahbari haqida nafaqaxo’r oqsoqollar yozib yurishibdi?

-Mirtemirjon, ovora bo’lmang, ipning uchi Karimovga borib taqaladi. Mening huzurimga ham o’nlab jabrdiydalar keldilar. Tekshirdim, tekshirtirdim shikoyatlari to’g’ri. Keyin jumhuriyat prokuraturasi, Xalq nazorati qo’mitasi, Oliy kengash hay’atiga chiqdim. Oqibat, hozir mening o’zimni kuzatib yurishibdi. Meni sessiyada sayratgan, nomimni shikoyatchiga chiqargan ham shu masala. Avvaliga sotib olishga urinishdi, keyin qo’rqitishdi, bu ham ishlariga yaramadi, so’ngra oldingi ish erimdan “Buning aqli joyida emas, shu bois haydalgan” degan hujjat qildirib gazetaga yozishdi. “Shpion” degan laqab ham qo’yishdi.

-Ha, Oliy kengash sessiyasida gapirganingiz shu masala edimi? U erda sizni viloyat kengashi majlisidan haydab chiqarishganini aytgandingiz…

-Bilasiz, men viloyat kengashining ham deputatiman, shu bois masalani oldin kengashda ko’tarib chikdim. Lekin gapirtirishmadi. Agar orqalarida Karimovning o’zi turmaganida arqoni uzilgan ho’kizdek harakat qilmagan bo’lishardi.

-Men Karimov bilan gaplashdim, bu masalani oxiriga etkazishimni so’rayapti-ku?

-Unday bo’lsa jumhuriyatdagi barcha huquqni himoya qiluvchi idoralardan mutaxassislar olish kerak. Agar bu ishni bir o’zingiz tekshiradigan bo’lsangiz, sotib olishga harakat qilishadi, sotib ololmasalar “sakkizta mashina” so’raganga chiqib qolasiz.

-Sakkizta mashina deganingiz nima?

-Xabaringiz yo’qmi, viloyat rahbarlari menga pora uchun sakkizta mashina so’radi, deya tuhmat qilishdi. Hozir izimga xavfsizlik qo’mitasidan poyloqchi qo’yishgan, qarindosh urug’larimni ham bir-bir elakdan o’tkazishmokda.

-Men sizdan yordam olaman desam, o’zingiz yordamga muhtoj ekansiz-ku? -dedi Mirtemir Meliga.-Jizzaxga borsak, siz bilan ham gaplashamiz, maslahatingiz kerak…

Haqiqatdan ham Jizzax masalasi tobora chigallashib borardi. Mirtemir kimga murojaat etmasin yo tekshirishda ishtirok etishdan voz kechardi yoki xastalanib qolardi yoxud boshqa bir muammo o’rtaga chiqardi. Shu bois devondan, Oliy kengash rayosatidan va huquq idoralaridan vakillar olib o’zi Jizzaxga bordi. Viloyat rahbarlarini Oliy kengash majlislarida ko’rgani uchun uzokdan tanirdi. Jizzaxga kelgandan so’ng ularni darrov “kashf” etib qo’ya qoldi. Viloyatning birinchi rahbari Tursinov unga :

-Uka, men bu erga boshqa joydan kelganman, ijroqo’m raisi boshchiligida bir guruhning tuhmati ostida qoldim. Ular viloyatni simirishmoqda. Men esa yo’llariga to’g’onoqman, mahalliychilik qilishayapti, -dedi.

Mirtemir birinchi kotibning boshqa gaplariga ishonmasa-da mahalliychilik to’g’risidagi so’zlariga ishondi. Bu bizga qo’ndoqda tekkan illat, deb o’yladi u. Bobolarimiz buyuk imperatorliklar qurganlar, ilm sirlarini ochganlar, yulduzlarga yo’l topganlar, lekin mahalliychilikka kelganda dar qolganlar. Nahotki bu millatimizning qonida bor?!

Talabalik yillari “Surqash”, “Sambux”, “Fan” kabi nomlar bo’lardi. Bu talabalarning qaysi viloyatdan kelganini bildiruvchi parol edi.

Keyinchalik poytaxtda ishlar ekan radioda ishlaydigan Zayniddin aka unga “Kelgindi” deganida yuragining bir parchasi uzilib tushgandek bo’lgandi. Biz qachon ana shu xastalikni enga olsak o’shanda katta millatga va katta davlatga aylanamiz. Aks taqdirda chumolidek inimizning boshida uymalab qolaveramiz. Hatto bir tumanga borsang ham, bir qishloqqa borsang ham mahalliychilik ilon kabi oyog’ing ostidan chiqadi. Mana bular esa mahalliychilikning ildizini yashnatishadi-da, keyin o’zlari shikoyatchi bo’lishadi. Mirtemir xayolidan yilt etib o’tgan bu fikrni tahlil tarozisiga qo’yishni boshqa paytga “otdi”-da:

-Bo’lishi mumkin, -dedi bosiq sasda,-Lekin mana bu iddaolarni oxiriga qadar tekshirishimiz kerak. Ba’zilari allaqachon tasdiqlandi. Masalan, go’sht kombinatiga jinoyatchilik qilgan, o’n yil hukm olgan va qamoqdan qochgan uzoq qarindoshingizni boshqa viloyatdan olib kelib, mudir qilib qo’yibsiz yoki davlat hisobiga qurilgan bolalar bog’chasi binosini yosh bir qizga hovli qilib beribsiz…

Tursinov o’rnidan turib, qizarib-bo’zargancha bir nimalar demoqchi bo’ldi, lekin tili aylanmadi. Xonada u yokdan bu yoqqa bir-ikki borib keldi-da, Mirtemirning qarshisida o’tirdi:

-Narxini oshirib yuborayapsiz. Ko’nglingizdagini ayting!-dedi.

Mirtemirning boshiga yashin tushgandek bo’ldi.

-Men sizni tushunmadim, nima deyapsiz o’zi?-dedi u .

-Men o’g’il bolacha gapirishni yaxshi ko’raman. Bu ishga nuqta qo’yaylik. O’sha nuqtaning bahosini aytib qo’ya qoling.

Mirtemir uzoq yil gazetada ishlagani va har turli odamlar bilan ro’baro’ bo’lgani uchun o’zini tutib qoldi. Tursinovga qarab jilmaygancha o’rnidan turdi va:

-Nuqtani xalq qo’yadi,-dedi kinoya bilan.

-Unday bo’lsa siz vergul bilan bitirasiz ishingizni va o’zingiz ham vergulga aylanib qolasiz,-dedi zaharxanda jilmayish bilan Tursinov.-Bizning to’qmog’imiz ostidan o’tganlar albatta vergulga aylanishgan. Sizga o’xshab yuragim deb, o’pkasini hovuchlab yurganlarni ko’p ko’rganmiz. Sessiyada Islom akaga qarshi gapirganingiz unutildi, deb o’ylaysizmi? Istasam, Jizzaxda yo pora bilan yo giyohvand modda bilan qo’lga tushiraman. Ammo birinchi safar kechirdim. Borib o’ylab ko’ring, fikringiz o’zgarsa, nuqtaning bahosini aytasiz. Men sizning undov bo’lib qolishingizni istayman…

Mirtemir rasmiyatchilik uchun viloyat rahbari bilan uchrashgandi. Uning “obrazli” gaplariga e’tibor qilmayman desa-da, bu og’ir gaplar xayolining bir burchini tark etmasdi.

Avvaliga viloyat rahbari bilan nega uchrashdim, deya o’zini qiynadi. So’ngra hech bo’lmasa uning kimligini o’rgandim, deb o’zini ovutdi. Tursinov kabi rahbarlar bilan ko’p uchrashdi, lekin bunday bezbetiga ilk bor ro’baro’ keldi. U bunday tavri bilan o’zini ko’rsatmoqchi bo’ldimi? Yoki orqasida katta tog’ borligiga ishorat qildimi? Agar Karimov bilan oralarida bulbul sayrasa, nega Karimov uni bu qadar haqorat etdi? Axir Karimovning o’z qardoshiga ham ishonmasligini, hatto bilmasdan oyog’ini bosib qo’ysa sevgan do’stidan ham kechib yuborishini nahotki bilmasa? Yo’q, biladi, buning ahvoli joni uzilayotgan odamni eslatadi. Joni chiqishidan oldin oyoqqa qalqib, hayotga tashnaligini ko’rsatishga intiladi inson. Bu ham “o’zini” ko’rsatayapti. Balki orqasida boshqa kuch bordir? Bu kuch balki Karimovdan ham og’ir bosar? Aslida uning ta’zirini berib qo’ymoq kerak edi-yu lekin bular adi-badi aytib o’tirishga arzimaydigan odamlar. Ularga siz yaxshi, sizdan to’ng’izim yaxshi qabilida ish tutish kerak. Buning ustiga bular o’zlarini qutqarish uchun har qanday qabihlikdan qaytmaydilar…

Mirtemir shikoyatchilarni qabul etarkan, shom inib qolgan bir paytda uni qo’shni xonada telefonga chaqirishayotganini aytishdi. Karimovning yordamchisi Kraynov ekan, salom-alikdan keyin:

-Islom aka iltimos qildilar, Muborakka borib ikki do’stingizni yarashtirib kelar ekansiz, -dedi.

-Muborakda mening do’stlarim yo’q-ku? -deya ajablandi Mirtemir.

-Nega unday deysiz.? Ibod To’ra yaqin do’stingiz, Juma Bek esa universitetda birga o’qigan kursdoshingiz.

-Ibod To’rani taniyman, ijroqo’m raisi, millatvakili, lekin Juma Bek kim?

-Juma Bek raykomning birinchi kotibi, Siz bilan birga o’qigan. Ibod To’raning o’ttizga yaqin yigiti ochlik e’lon qilgan. Islom aka Sizga vakolat berdilar, kim aybdor bo’lsa uni ishdan chetlashtirishni taklif qilasiz va viloyat rahbarlari darrov ijro etishadi.

“Ochlik qilishayapti” degan gapni eshitgan Mirtemir haqiqatdan ham masalani favqulodda jiddiy, deb o’yladi.

Darhaqiqat, Muborak masalasi ikki yildan buyon Karimovning ham, jumhuriyat tashqarisidagi matbuotning ham kun tartibida. Lekin shu daqiqada Mirtemir Jizzaxdagi ishni chala tashlab ketgisi yo’q. Bu ishni oxiriga etkazishga qaror qilgandi. Agar ketib qolsa, u bilan birga kelgan tekshiruvchilarning holi nima bo’lishini yaxshi tasavvur qilardi. Shu bois Muborak masalasini ikki kun keyinga qoldirmoqchi bo’ldi. Kechki ovkat paytida tekshiruvchilarga:

-Ikki kundan keyin poytaxtga qaytamiz. Shu bois tekshirishni biroz tezlashtirishlaringizni so’rayman,-dedi.

-Ikki kun u yoqda tursin, ikki oyda ham natija olishimiz qiyin. Mening qo’limda dom-daraksiz yo’qolgan o’n ikki kishining ismi-sharifi bor. Ularni mirshabxonaga qadar keltirishgani haqida ma’lumot beruvchi guvohlar bor. Lekin mirshabxonadagi barcha hujjatlarni viloyat rahbarlari talab qilib olishgan. So’rasak, har turli bahona ko’rsatishayapti,-dedi ulardan biri.

-Biz reviziya qilish uchun kelmadik,-deb javob qildi Mirtemir.-Bizning maqsadimiz shikoyatlarning to’g’ri yoki noto’g’ri ekanligini, siyosiy xulosani aytishdir. Yo’qolgan insonlarning viloyat rahbarlari haqida shikoyat yozganlari va bir kun mirshabxonaga keltirilganlari biz uchun etarli hujjat. Ularning qismatlari haqidagi dalillarni o’rtaga chiqarish esa ikkinchi etapda amalga oshadi. Hozirgi rahbarlar turgan ekan, ikki oy emas, ikki yilda ham ko’rtugunni echolmaymiz.

Mirtemirning bu gapiga viloyat hokimligidan hay’atga qo’shilgan kishi e’tiroz bildirdi:

-Nima, Siz rahbarlarimizni aybdor, deb o’ylayapsizmi?

-Biz sud yoki qaror beruvchi mavqe emasmiz, lekin hay’atning yo’liga to’g’onoq qo’yilayotgani ko’rinib turibdi,-dedi Mirtemir.

-Siz bu soatdan e’tiboran tekshirish hay’atining boshida emassiz. Islom aka Sizga boshqa ish buyurdi,-dedi vakil jahli chiqqanini ochiq namoyish etib.

-Islom aka bu haqda Sizga hisob berdimi?

-Hisob berib-bermaganini o’zingizga aytadi. Bizga esa sizni Muborakka kuzatib qo’yish aytilgan.

-G’amxo’rligingiz uchun rahmat, -dedi-da Mirtemir hay’at a’zolaridan yig’ilgan hujjatlarni olib, ularga qarata har holda sizlarni ham poytaxtga kuzatib qo’yishsa kerak, shunday emasmi? – dedi. Keyin vakilga yuzlangandi u:

-Bu qog’ozlarni yig’ishingizga ham hojat yo’q,-dedi.

-Bunga esa men qaror beraman! Qolaversa, Muborakka emas, hay’at bilan poytaxtga boraman, -dedi Mirtemir o’chakishib.

Mirtemir adi-badi aytib o’tirishni istamadi. Xonadagi biqiq havo uni bo’g’ayotgandi. Bo’yinbog’ini biroz yumshatib, ko’ylagining yuqori tugmasini ochdi-da tashqariga chikdi. Zim-ziyo qorong’ulik viloyat mehmonxonasining har tarafini qoplab olgandi. Oniydan esgan sarrin shabada Mirtemirning horg’inligini yulib ketgandek bo’ldi. U biroz engil tortib qorong’ulik tomon odim otdi. Sarrin shabadaning bo’g’ziga qadar oqib kirayotgani va ortga qaytayotganini his etdi. Chuqur-chuqur nafas oldi, lekin havo bo’g’zidan naryoqqa o’tmayotgandi. Havo ham “to’ni”ni teskari kiyib olganga o’xshardi. Mirtemir ana ular bilan o’chakishib o’tirmadim,  endi havodan o’pkalaymanmi, deya o’yladi-da ortga qaytdi. Shu payt qorong’ulikda, qarshisida birov turganini sezdi. Kim bo’ldiykin? Mirtemir o’sha tomonga qarab turgandi:

-Iltimos, oqshomgi ovqatni emang, iloji bo’lsa bu erda qolmang, -dedi kimdir pichirlab va ko’zdan g’oyib bo’ldi. Bu chetdan kelgan odam emas, deb o’yladi Mirtemir, chunki viloyat mehmonxonasining hovlisi qo’riqlanadi, buning ustiga chetdagi odam bu erdagi voqealardan qanday xabar topsin? Bu erdan ketishimga ishonishmaganga o’xshashadi, shu bois qo’rqitishmoqchi.

Mirtemirning xayolini vakil bo’ldi.

-Aka, choyimiz tayyor… -Vakil hiyla yumshab kolgandi.

-Choy ichish yo’q!-dedi Mirtemir.

-Avval bir piyola choyimizni ichasiz, keyin Muborakka boradigan mashinamiz bilan yo’lga chiqasiz. Agar Sizni kuzatib qo’ymasak, boshimiz ketadi. Chunki Muborakda odamlar ochlik e’lon qilishayotgan ekan. Ularning taqdirini Sizga ishonishdi… Boya biroz qo’pollik qildim, odob chegarasidan chiqdim, asab tamom bo’lgan, aka, aybga buyurmaysiz…

Tullak, deb o’yladi Mirtemir, buqalamun ham senga o’xshaganlarning yonida ip esholmaydi. Har soniyada turlanasan. Ammo nega poytaxtga borishimni istamayapti bular? Balki biror rejalari bordir? Avval Muborakka telefon qilib, Ibod To’radan vaziyatni o’rganishim kerak. So’ngra Karimov bilan gaplashib, bu tekshirishni oxiriga qadar etkazish muhimligini tushuntirishim lozim.

Mirtemir Ibod To’raning uyiga sim qoqdi. Uning poytaxtda ekanligini aytishdi. Keyin Kraynovga telefon qildi. Kraynov Karimov uyiga ketganligini aytib, maslahatchi Ziyomovni bog’ladi.

-Islom aka menga bu ishni nazorat qilib turishimni aytdilar. Sizni allaqachon Muborakka etib borgan deb o’ylagandik. Vaziyat jiddiy, raykomning birinchi kotibi bu kecha uxlamasdan Sizni kutadi.

-Jizzax nima bo’ladi? Bu erdagi hay’atni orqaga chaqirib olishni kim buyurdi? -Garchi bu xususda Mirtemir uzil-kesil xulosaga ega bo’lmasa-da, voqealarning rivojidan hay’atni chaqirib olish buyrug’i berilganini taxmin qildi.

-Islom akaning o’zlari buyurdilar. Qo’lingizda to’plagan dalillar bo’yicha hisobot yozib berar ekansiz. Ish pishib qolgan, yaqinda borib sessiya o’tkazib, viloyat rahbarini bo’shatib kelar ekanlar. Muborakda esa vaziyat jiddiy, Sizdan shaxsan iltimos qildilar, -dedi Ziyomov.

Mirtemir yo’lga chiqarkan Melini chetga tortib:

-Qo’lingizdagi barcha hujjatlarni olib, hafta oxirida poytaxtga keling, hisobotni birgalashib yozamiz, -dedi.-Ammo poyloqchilardan ehtiyot bo’ling, bularning qo’lidan har qanday ish keladi.

-Sizning ham Muborakka borishingiz to’g’ri bo’lmayapti. Menga yo’l ko’rsatib, o’zingizga qolganda xavf-xatarni o’ylamayapsiz.

Mirtemir Meliga ma’nodor boqdi-da, mashina yonida turgan vakil bilan xayrlashib, yo’lga chiqdi. Yo’lda shofer yigit bilan hangoma qilib borar ekan, uning mirshabligini bilib oldi.

-Yo’limiz men tug’ilgan shahardan o’tadi. Bizning uyda tunab qolsak, saharlab yo’lga chiqib, ertalab etib boramiz,-dedi u mirshabga.

Mirshab ko’nmadi:

-Sizni chegarada kutib olishadi, men esa qaytib kelib, raport berishim kerak.

Mirtemir mirshabni ko’ndirish oson bo’lmasligini tushundi-da:

-Unday bo’lsa, yarim soatga to’xtab bir piyola choy ichamizda, yo’limizda davom etamiz,-dedi.

-Imkoni yo’q. Orqamizda odamlar bor. Keyin boshim baloga qoladi. Sizni sog’-salomat manzilga etkazishim kerak.

Mirtemir o’zi tug’ilgan shaharga qadar indamay bordi. Voqealarni qayta-qayta tahlil etdi. Bular biror bir avariyani ko’zga oldilarmi, deb o’yladi u. Yoki avariya bahonasida hujjatlarni olishmoqchimi? Agar meni tekshirishdan uzoqlashtiradigan bo’lishsa, poytaxtga chaqirib qo’ya qolishardi. Yo’q, Karimov bu ishni silliqqina hal etmoqchi bo’lgan. Bular esa xol qo’yishayapti. Karimov meni Muborakka yuborib, boshqa ish bilan chalg’itmoqchi va Jizzaxni unuttirmoqchi bo’lgan. Karimovning bu “silliq” rejasini bajarish uchun bular “qo’lidan kelgani”ni qilishmokda. Menimcha avariya ham yo’q, hujjatlarni ham olish yo’q. Bularga vaqt kerak. Lekin ana shu vaqt nima uchun kerak? Nega birdaniga bunday vaqt kerak bo’lib qoldi? Agar viloyat hokimini ishdan olishga qaror qilingan bo’lsa, bu vaqtga hojat yo’q. Lekin nega, nega kerak bo’ldi bu vaqt?

Mirtemir vaqt jumbog’ini echolmay halak edi. Shu bois mashina allaqachon shaharni chetlab o’tganini ham sezmay qoldi. Mirshab aytganidek, chegarada kutib turishgan ekan. Mirtemir viloyat hokimining birinchi o’rinbosarini tanidi. Ilgari ham bir marotaba kelgandi, o’shanda tanishgandilar. Tortishuvni yaxshi ko’radigan odam. Agar rahbarlarni himoya qilish kerak bo’lsa, butun aql-idroki, mantiq-maxfiratini o’rtaga qo’yib tortishadi, ularni himoya qiladi. Demokratiyaga tish-tirnog’i bilan qarshi. Mirtemir uni ilgari uzoq yillar prokuror bo’lib ishlagani uchun “tosh”ga aylanib qolgan deb o’ylagandi. Chunki tartib-intizom haqida gapirar ekan, “tartib” so’zining oldiga “qat’iy”, “intizom” so’zining oldiga esa “temir” kalimalarini qo’shishni hech unutmasdi. Karimov shu viloyatda rahbar bo’lgan, balki o’sha paytda uning nomini yon daftarchasiga yoki xotira kitobiga yozgan bo’lishi mumkin. Balki bu yigitning o’zi Karimovning fe’lu fitratini yaxshi o’rganib, unga moslashgan bo’lishi ham ehtimoldan xoli emas. Xullas, nima bo’lganda ham Mirtemirning qarshisiga yana bir “devor” chiqqandi.

Ular chegaradan viloyat markaziga emas, to’g’ri Muborakka qarab yo’lga chikdilar.

-Ibod To’ra poytaxtda ekan, borganimiz bilan u bo’lmasa, nima qilamiz?

-Ibod To’rani ishdan bo’shatdik. U shikoyatga ketgan. Bugun Karimov bilan uchrashdi. Islom akam uning ta’zirini berib qo’ydilar, endi bu erlarga qaytib kelmasa kerak.

-Hech narsada adashmasangiz ham bu xususda adashdingiz. Chunki Ibod To’ra o’jar, o’jar bo’lganda ham hech yo’ldan qaytmaydigan o’jar…

Mirtemir shunday dedi-da, hamsuhbatining javobini kutmasdan xayolga berildi. Ibod To’raning nomini ilk bor “Ozodlik” radiosidan eshitgandi. Saylovlar arafasida ham shahar kengashiga, ham Oliy kengashga nomzodini qo’ygandi. O’shanda shahardagi gazni qayta ishlash zavodi ruslarning qo’lida bo’lgani va shahardagi xonadonlarga ataylabdan gaz berilmaganini aytgandi. Saylovdan keyin uni ijroqo’m raisi etib saylashdi. Birinchi qilgan ishi mirshabxona va prokuraturadagi kommunistik partiya sho”balarini tarqatib yubordi. Bu kommunistik partiyaning boshida turgan Karimovga qarshi isyon edi. Isyon bo’lganda ham ikki karra isyon edi. Chunki Moskva gazetalari “Karimov jumhuriyatda ilk zarbani o’z viloyatidan oldi”deya yozishdi.

Viloyat rahbarlari ham tipirchilab qolishdi, chunki ular mirshabxona va prokuraturani partiya yo’li bilan qo’lda tutardilar. Ibod To’ra esa bu idoralarni ularning qo’l ostidan chiqarib, o’z nazoratiga oldi. Bu orada shaharda xususiy televidenie ochib, hamma narsani oshkoralik yo’li bilan hal qila boshlagani ma’lum bo’ldi. O’shanda Karimov bu televidenieni yopib tashlagani bois Ibod To’ra Oliy kengashning Mirtemir ishlagan qo’mitasiga shikoyat qilib borgandi. Mirtemir viloyatga kelib buyruq ham, ijrochilar ham teppadan kelganini o’rgandi va masalani qo’mita majlisiga olib chiqdi. Lekin qo’mita raisi Erkin Vohidov bu ishni xo’rjinga tashladi.

-Kimlar ochlik qilgan ekan? -deya xayol surib borayotgan suhbatdoshidan so’radi Mirtemir.

-Uh-hu, bundan ham xabaringiz bor-ku?

-Xabarimiz bo’lmasa, nimaga borayapmiz?

-Sizni raykomning birinchi kotibi taklif qilgan, kursdoshingiz ekan. Bir piyola choyini ichamiz. Qolgan masalani esa o’sha erda gaplashamiz. Ochlik qilganlarga kelsak, Ibod To’raning ijroqo’m a’zolari ochlik qilishmoqchi edi, lekin yo’l qo’ymadik. Chunki qonunlarimizda “ochlik qilish mumkin” degan joyi yo’q. Buning ustiga ular ochlik qilishdan avval bir qop nonni quritib olishibdi. Nima emish? Quritilgan non eyish ovqat eyishga kirmasmish. Ha, bachchag’ar, ochlik qilsang, hech narsa ema! Qotgan non eb, suv ichib, yana ochlik qilayapman, deyishing, isyon emasmi?

Mirtemirning avzoyi buzildi. Qandaydir o’yin o’ynalayotganini sezardi-yu lekin bu o’yinning ip uchini topolmayotgan edi.

Ha, Mirtemir qancha o’ylamasin, bu o’yinning ip uchi uning xayoliga kelmasdi. Chunki bu o’yin Karimovning xayoliga ham tasodifan kelgandi. Ya’ni saroy a’yonlari tomonidan Karimovning fikriga suqilgandi bu o’yin.

40. O’YIN

Tursinov avvaliga o’zi bilan o’zi olishdi: Nega unga qo’pol muomala qildim? Bular hali yosh bola, niholdek gap, qayoqqa egiltirsang o’sha tomonga qarab o’sadi. Shirin gap bilan ilon inidan chiqadi, deganlar. Yo’q, yolg’on gap. Shirin gap bilan sehrgar ham ilonni inidan chiqara olmaydi. Balki maqolni noto’g’ri o’ylagandirman? Aslida hamma narsani ochiq gapirib to’g’ri qildim. Ignachining ming urgani, temirchining bir urgani. Yo yo’limga solaman, yoki pachaqlab tashlayman. Bundaylarni o’yin bilan sindirish kerak. Shoxidan qo’rqsang keyinchalik dumidan ham qo’rqadigan bo’lasan. Lekin hozir gap Karimovga bog’liq. Mirtemirning kaliti ham Karimovda.

Ha, aslida Karimovni yaxshi bilar va uning Mirtemirni jazolashiga ishonardi. Shuning uchun ham bir yo’lini qilib unga yoqib qolish uchun Mirtemirni “pushkaga” oldi.  Shuning uchun  Mavlonga telefon qildi:

-Mavlonjon, bu ishni to’xtating, boshingizdan oltin sochaman.

-Akajon, oltindan shashlik pishiramizmi? -yumshoq hazil qildi Mavlon.

-Oltinlar Halima opaga qolsin, Sizga o’zim qo’y so’yib, quyruqli shashlik qilib beraman.

-Shashlikni men eyman-u lekin ana u ilon jirkanadi.

Mavlon Temur Alimov bilan chiqishmas edi. Mavlon Alimovni “Ilon”desa, Alimov uni orqavarotdan “Chayon” derdi. Boshqalar esa har ikkalasini majlislarda yonma-yon ko’rib, Karimovning “Ilon-Chayon”lari deya pisir-xisir qilishardi.

Karimov Mavlonga kadrlar masalasini, Alimovga esa huquq-tartibotni topshirgandi. Ikkalasini bir-biriga qayrab qo’ygan ham Karimovning o’zi.

Mavlonga: “Ana u “Ilon”dan ko’z-quloq bo’l! Mirshablardan pora olayotgan ekan. Buning ustiga hamma yoqni toshkentliklar bilan to’ldirib yubordi. O’ziga sezdirmay qilmishlari haqida hujjat to’pla” derdi.

Alimovga esa: “Ana u “Chayon”ga ishongandim, lekin topib kelgan kadrlari bir pulga qimmat. Xotinining bo’ynidagi tovokday-tovokday keladigan zebu-ziynatlar ham eri oyog’ini to’g’ri olmayotganini ko’rsatadi. Uning har bir qadamidan meni xabardor qilib tur” derdi.

Bu orada “Hech kimga aytmaslik sharti bilan” Alimov to’plagan hujjatlarni Mavlonga, Mavlon to’plaganlarni esa Alimovga ko’rsatib qo’yardi. Har ikkisi ham Karimovning “sodiq”ligidan o’zlarini qushdek engil his etishsada dushmanlari qarshisida hamlaga otilgan yirtqichga aylanishardi. Shu bois har ikkalasining ham yurak ostidagi adovat urug’i allaqachon niholdan ulkan daraxtga uzangandi.

Garchi xonalari bir qavatda, hatto eshiklari qarama-qarshi bo’lsa-da, ba’zan ertalabdan oqshomga qadar yuz ko’rishmasdilar. Lekin Mavlonning xonasidan pashsha uchsa o’tsa,  Alimov payqar, Alimovning derazasi ochilib-yopilsa Mavlonning daftarida qayd etilardi.

Bir kuni Alimov safarda avariyaga uchradi. U xastaxonada yotar ekan, Karimov Mavlonni chaqirdi:

-“Ilon” yarimjon bo’lib qoldi. Buning ustiga yotgan joyida ham mansab sotayotgan ekan… Darvoqe, bu xususda senda ham biror gap bormi? Qulog’ingdan qochadigan gap yo’qligini bilaman, shuning uchun ham boshqalardan eshitganimga ishonmay sen bilan muhokama qilayapman.

Mavlon juda hurkoq, og’ziga zanjirto’r solingan itdan ham qo’rqardi. Bolaligida doim cho’ponlarning itlari bilan o’ynardi. Bir kuni tayoq bilan itning tumshug’iga urganda, u shang’illagancha o’zini Mavlonning ustiga otdi. “Cho’pon amaki” kelib qutqarib olmaganda, bir joni ettita bo’lardi. O’shandan buyon itning akillashini eshitsa, oyog’i qaltiraydi. Avval boshining eng tepa nuqtasi jimirlaydi, so’ngra ming-ming chumolilar boshidan oyog’iga, oyog’idan boshiga yuguradi.

Xuddi ana shu hisni Karimovning huzuriga kirganda ham takror-takror yashaydi. “Nega?” deya o’zi-o’zidan so’radi bir necha marta, lekin javob berolmadi. Mansabdan otilishdan qo’rqadimi? Yoki sirlari ochilib qolishi bezovta etadimi? Balki Karimov do’pposlab qolishidan hurkiydimi? Xullas, hozir ham vujudi junjikib, ikki qo’lini oldinga olgancha taxtadek qotib qoldi. Jilmayishga har qancha harakat qilmasin, lablari muzlab qolgandek, hatto soxta tirjayish uchun ham mayl bermas edi.

-O’tir, -dedi Karimov unga.

U Karimovning uncha-bunchaga o’tir demasligini yaxshi biladi. Faqat biror narsa yozdirmoqchi bo’lsagina “o’tir” derdi. Aksiga olib Mavlon qo’lidagi kundalik daftarini Kraynovning yonida unutdi. Birdan qo’rquv bosdi uni. “Nima qilaman endi?”, deb o’yladi. Qanday qilib “Men qabulxonada kutib turgandim, birdaniga Siz chiqib qoldingiz. Daftarni olishga ham ulgurmadim”, deya oladi. Muzlab turgan badani birdaniga olovning o’rtasiga tushib qolgan odamning vujudi kabi jizirlay boshladi. Sochlarining ostidan sizib chiqqan ter yonoqlariga qadar irmoqchalardek oqib keldi. U hozir bir tomchi ter stolning ustiga oqib tushsa, hayotim tamom, deb o’yladi-da, cho’ntagidan ro’molchasini olmoqchi bo’ldi. Lekin qo’li unga bo’ysunmadi. Shu payt vujudida boshqa bir o’zgarishni sezdi. Avval ko’kragida paydo bo’lgan muz bir zumda sochlarining ostidagi terga qadar etib bordi. Ba’zan Mavlon ana shunday holatlarni yashagandan keyin “yurak degani xo’p baquvvat bo’lar ekan” deb o’ylardi, ammo duxtirga borib nazoratdan o’tishga vaqt topolmasdi yoki “Ilon”ning “Mavlon xastalanibdi”, deya gap tarqatishidan hayiqardi.

-Nima mendan yashiradigan gaping bormi? Yoki “Ilon”ning boshi ezildi, deb elkangdagi tog’ni uloqtirib yubordingmi?

-Y…o’…q! -dedi Mavlon tili aylanmay.

Qo’l ostida ishlagan kishilarning bunday holati Karimovga yoqardi. U hammaning ana shunday qaltirab turishini istardi. Shu sababdan ba’zan-ba’zan ularni rag’batlantirib turardi.

-Qani ukajon, bir boshdan shoshmasdan gapiring-chi.

Karimovning bunday yumshashi garchi sun’iy bo’lsa-da, Mavlonning joniga ora kirdi. Ikki og’iz shirin gap uning muzlab yotgan vujudini eritdi va tomirlariga darmon yugurgandek bo’ldi. Aylanmayotgan tili ham o’z-o’zidan harakatga keldi.

-Haligi, Ibod To’raning ishini yotgan joyida to’xtatib qo’yibdi…

-Qaysi ishini?

-Siz Zokir Almatovga bir topshiriq bergan ekansiz, o’shani to’xtatibdi.

-U topshiriqni sen qanday bilding?

-“Ilon”butun mahallaga yoyganga o’xshaydi. Ibod To’raga suiqasd…

-O’chir tovushingni! Suiqasd-muiqasd degan gapni eshitmayin. U “Ilon”ning o’ziga suiqasd qilish kerak! Voy, ablah! Voy, eshak! Voy, enag’ar! Seni odam deb yursam, rostdan ham ilon chiqib qolding-ku! Yo o’lishingni bilib kafaningni oltindan qilmoqchi bo’ldingmi?

Karimov stolning ustiga zarb bilan urdi-da, Mavlonga yuzlandi:

-Hoziroq qaror yozib kel, “Ilon” ishdan quvildi. O’rniga odam top, duxtirlarga ayt, hukumat kasalxonasidan quvishsin. Borib bitxonada yotadimi, otxonada yotadimi, o’zi biladi. Ammo nazoratda tut. Menga uning o’ligi emas, tirigi kerak. Uni o’lgandan battar qilaman.

Mavlon Karimovning xonasidan chiqar ekan, yuragi ham qinidan chiqayotgandek edi. U katta tog’ni kovlab, tashna odamlarga suv etkazgan odamlardek shod edi. Bu oniydan kelgan g’alaba shu qadar esankiratdi-ki oltinchi qavatdan beshinchi qavatga tushadigan zinada oyog’i qayrilib ketdi. Bir umbaloq oshib tushsa-da, hech narsa bo’lmagandek shart o’rnidan turib, xonasiga qarab oqsab-oqsab yugurdi. O’shanda qabulxonada Mirtemir o’tirgandi. Mavlon yugurib kelib uni quchoqladi:

-Jo’rajon, tabriklayman! O’zimni ham, Sizni ham, xalqimizni ham! Balodan qutuldik. “Ilon”ketdi, butunlay ketdi, onasinikiga ketdi…

-Nima, avariyadan keyin o’ldimi? -deya ajablanib so’radi Mirtemir.

-O’lmasdan besh battar bo’ldi. Ishdan quvildi. Hoziroq qaror yozib, qo’l qo’ydirib kelaman. Shu sababdan uzr, menga biroz vaqt bering.

-Astag’firulloh ! -dedi Mirtemir.-Uzrga hojat yo’q. Men shoshmayapman.

Mavlon oqsagancha qabulxonadan o’z xonasiga yurar ekan, Mirtemirning ko’zi og’zini yumgancha kulayotgan sekretar qizga tushdi. Sekretar qizning nigohlari sirni boy berib qo’ydi. Mavlonning shimi orqa chokidan so’kilib, ich kiyimi ko’rinib qolgandi.

O’shanda Mavlon darhol qaror tayyorlab Karimovga qo’l qo’ydirib oldi. Faqat Karimov unga “Hozircha e’lon qilma, eshitganlar o’lmasdan tobut tayyorlashibdi” deyishmasin. Kasalxonadan chiqar-chiqmas o’rniga boshqa odam tayyorlaymiz”, dedi.

Mavlon ishonmaganlarga Karimov qo’l qo’ygan qarorni ko’rsatib, maqtanib yurdi. Lekin bir kuni Mavlonning boshiga tosh yog’di. U xonasidan chiqayotgandi qarshisida “Ilon”ni ko’rib qoldi. Qo’ltig’iga bir qancha papkani qistirib olgan Alimov yuqoridan, Karimovning huzuridan tushib kelayotgandi. Mavlon boshining o’rtasiga tosh bilan urilgan odamdek esankirab qoldi. Alimov esa jiddiy qiyofada unga qayrilib ham qaramasdan o’z xonasiga kirib ketdi. Mavlon qancha vaqt turib qoldi o’zi bilmaydi. Es-hushini to’plaganda yonida o’rinbosari turardi.

-Nima gap? -dedi u o’rinbosariga.

O’rinbosar Alimovning xonasiga qarab elkasini qisdi.

-Bu kasalxonadan qachon chiqdi?

-Bilmadim, -dedi o’rinbosar.

Mavlon orqaga qaytdi-da Kraynovga telefon qildi.

Mavlon Kraynovdan biror narsa so’ramasidanoq javob oldi:

-Islom aka imzolangan qarorni olib, yirtib tashlashimni so’radilar.

-Nima bo’ldi o’zi?

-Har holda sho’rva emas, palovga o’xshaydi.

-Kasalxonadan qachon chiqdi?

-Besh daqiqa oldin. Mashina yuborib olib keltirdik.

Mavlon telefon dastasini qo’ydi-da, ko’kragini g’ijimladi. Rangi dokadek oqardi. Qabulxonadagi stulda o’tirib qoldi. Sekretar qiz tortmadan dori olar ekan, o’rinbosari bir bardoq suv quydi. Mavlon dorini ichib bo’lgandi ham xonasidagi telefonning jiringlashi nayzadek vujudini teshib yubordi. Bu qora telefon edi. Faqat Karimovgina sim qoqadigan bu telefonning sasi shu qadar baland ediki, Mavlon uni pasaytirib qo’yishga ham hayiqardi. U yugurib ichkariga kirdi. Karimov uzoq gapirmadi:

-Qarorni Kraynovga chiqarib ber. Alimov ishini davom ettirsin. Lekin ko’z-quloq bo’l. Vaqti kelsa, tagiga suv quyamiz…

Shundan keyin, Alimov bilan oralari yana ham buzildi. Endi Alimov Mavlonning telefondagi gaplarini ham eshitayotgandi. Shu sababdan Mavlon Tursinov bilan ochiq gapirib qo’yganidan seskandi. Xatosini tuzatmoqchi bo’ldi.

-Aslida u kishi yomon odam emas. O’zingiz gaplashsangiz yordam berishlari mumkin. Bizni bir-birimizga qayrab qo’yishdi. Men siz tomondaman…

Tursinov Mavlon bilan gaplashib bo’lgach, Alimovga telefon qildi:

-Bu gaplarni telefonda gaplashmaydilar. Ikki soatlik yo’l, mashinaga chiqingda, etib keling,-dedi Alimov.

Tursinov kelganda Alimov uni iliq qarshiladi.

-Mavlon bilan orangiz yaxshiligini bilaman. Ammo ish bu bilan bitmaydi. Menga ham ko’p yordamingiz tekkan. Sizni Islom akaga ana u tirrancha deputatlar yomon qilib ko’rsatgan. Hozirdanoq ularning aytgani bo’ladigan bo’lsa, keyin holimizga maymunlar yig’laydi.

-Meni qutqazing. Aytganingizni qilaman. Og’zingizdan chiqqanning ikki qatini muhayyo qilmasam erkak emasman!

-Mayli, u gaplarni keyin gaplashamiz. Avval sizni qutqaraylik. Hozir borib Mavlonga uchrashing, yuqoriga chiqib sizni himoya qilsin. Har xil sassiq gaplardan uzoq tursin. Keyin Ziyomovga uchrashing. Mavlondan so’ng u kirsin, Jo’rabekov bilan ko’rishing. Ziyomovdan keyin Kraynov uni chaqirsin, hammasini ko’ndiring. Kechqurun nuqtani men qo’yaman. Hammasi Jizzaxda odamlar sizni istashayotgani, agar ishdan olinsangiz saylovda har turli voqealar yuz berishini, tuman birinchilari tinimsiz telefon qilishayotganini aytishsin. Oxirida Islom aka mendan Ichki ishlar va Milliy xavfsizlik xizmatining fikrini so’raydilar. Xudo xohlasa, oshni o’zim suzib chiqaman.

Tursinov hamma bilan bir soat ichida uchrashib chiqdi. Va’dalarni quyuq qilib,  Jizzaxga qaytib ketdi. Bu orada Kraynovni ham xursand qildi. Yangi olgan uyiga “Miraj” deb nomlangan chet el mebelini ertagayoq yuborishini imo qildi.

Alimovning plani bo’yicha birinchi Mavlon kirishi kerak edi, lekin u botinmadi, Jo’rabekov bilan birga kirdi. Karimov Jo’rabekovning gaplarini oxiriga qadar tinglamadi.

-O’sha, sizga telefon qilgan birinchilarga aytib qo’ying, Tursinov bilan bitta kamerada qo’yaman ularni. Hammasi o’z manfaatini o’ylaydi.

-Lekin fondga Tursinov ham, birinchilar ham katta mablag’ o’tkazishdi,-dedi Jo’rabekov.

-Ikki oyoqlari bir etikka tiqilganidan keyin o’tkazishadi-da.

-Bular so’zimizni hech ikki qilishgani yo’q.

Karimov Jo’rabekovning ko’zlariga tikilib qaradi-da, Kraynovni chaqirdi:

-Fondda Jizzaxdan biror bir muammo bormi?

-Yo’q, otalariga rahmat, aytganimizning ikki hissasi tushib turibdi.

Karimov Jo’rabekov bilan Mavlonni chiqarib yuborar ekan, aniq bir javob aytmadi. Ko’p o’tmay maslahatchisi Ziyomov kirib keldi. U boshqa masalalarni gapirar ekan, orada Jizzaxga ham to’xtaldi:

-Jizzaxda muxolifatning ikki yuz-uch yuz odami hamma yoqni buzmoqda. Shikoyatchilarning kimligini o’rgandik. Hammasi dor ostidan qochgan odamlar. Vaziyat o’zgarib qolishi mumkin. Saylov arafasida biror gap chiqib qolmasin degan niyatda ma’lumotlarni to’pladim. Ijroqo’m raisi bu odamlarni Tursinovga qarshi qayramoqda. Bu erdagi ba’zi deputatlarni ham qo’lga olishganga o’xshashadi. Lekin viloyatda Tursinovning yuki og’ir…

Karimov Ziyomovga :

-Mayli ko’z-quloq bo’lib tur, biror gap chiqib qolmasin,-dedi.

-Bilasiz, Jizzaxda millatlararo masala nozik. Kichik bir uchqundan alangalanib ketishi mumkin. Shu bois viloyatning ikki kattasini o’zingiz kelishtirib qo’ysangiz, degan iltimosim bor edi.

-Bo’pti. Qo’lingizdan kelmagan yoki bajara olmagan ishingizni menga otasiz,-deya Ziyomovni chiqarib yubordi.

Odat bo’yicha oqshom Alimov bo’lib o’tgan voqealar haqida Karimovga hisob berdi. Jizzax masalasida alohida to’xtaldi.

-Ichki ishlar vazirligi va Milliy xavfsizlik xizmatining operativ ma’lumotlari bo’yicha ijroqo’m raisi Olimov fitna uyushtirmoqda. Tursinov tumanma tuman yurib, saylov hozirliklarini ko’rmokda. Menimcha eng yuqori ovozni shu viloyatdan to’playmiz. Shu sababdan saylov o’tguncha Tursinovni qo’llash kerak. U viloyatda chuqur ildiz otgan. Saylovdan keyin avval ildizlarini quritamiz, keyin o’zi haqida Siz nima desangiz o’shani qilamiz.

-Muborakda vaziyat qanday?

-Ochlikni davom ettirishayapti. Izn bersangiz nomingizdan Ibod To’raevni chaqirsam…

-Chaqiring, u bilan men ham gaplashib qo’yaman. U bolaning ko’zini ochib qo’yishim kerak.

-Muborakka Mirtemirni yuborsak yaxshi bo’lardi. U bunday ishlarni tinchitishga usta. Ziyomovning aytishiga ko’ra, Muborakning birinchi kotibi Mirtemir bilan birga o’qigan.

Karimov biroz engil tortgandek bo’ldi, chunki ichini tirnayotgan savolga javob topgandi. U saylov oldidan qo’rqqani deputatlar edi. Oldingi sessiyada saylov qonuni orqaga olindi. Endi yana biror bir bahona bermaslik kerak ularga, deb o’ylardi. Shu boisdan ham bugun maslahatchilari va hukumatdagi o’rinbosari Jizzax masalasida gapirisharkan, ko’nglining bir chetida Mirtemirga aytgan gaplari turardi. Mana endi Alimov buning ham echimini aytib turibdi.

-Men ham Mirtemirni Muborakka yuborishni o’ylab turgandim. Bu tashabbusni Ziyomovga sotaylik. Kraynov bilan ikkalasi ishni xamirdan qil sug’urgandek, ustalik bilan bajarishsin. O’rtaga biror bir gap chiqishini istamayman. Xo’sh, Jizzax masalasini tinchitish haqida qanday taklifingiz bor?

-Siz nima desangiz o’sha bo’ladi. Biz viloyatlarda sessiyalar o’tkazib, “obkom”larni hokimga aylantirish ro’yxatini aytganingiz bo’yicha hozirladik.

-Saylovdan oldin ularning birortasiga tegish kerak emas. Hozir Jizzaxda Tursinovni ishdan olamiz desak, mansab kurashi boshlanadi. Bu butun viloyatlarga ham tarqaladi. Yo’q joydan boshimizga og’riq olamiz. Modomiki, Jizzaxda Tursinov bilan Olimov o’rtasida munoqasha boshlangan ekan, temirni qizig’ida bosishimiz kerak. Ertagayoq viloyatda sessiya o’tkazib, Tursinovni hokim etib tayinlaymiz. Agar masalani bir-ikki kun orqaga tashlaydigan bo’lsak, hidi chiqib ketadi va yana shikoyatchilar oqimi boshlanadi. Darvoqe, “Chayon” bilan Jo’rabekovning bu masalaga aloqasi qanday?

Garchi Alimov ularning bu xususda Karimovning huzuriga kirib chiqqanlarini bilsa-da sar berib sir bermadi.

-Menimcha ular avvaliga Olimovni qo’llashdi. Uning Tursinovni yo’qotib, o’rnini olish havasi ham shundan keyin kuchaydi. Ammo Jo’rabekov viloyatga borib, birinchilar bilan gaplashib kelganlaridan keyin Mavlonning fikrini ham o’zgartirdilar. U kishi bu masalalarda ob’ektiv yondashadilar. Shunga qaramasdan qo’limizda Tursinovga qarshi etarli dalillar bor. Saylovdan keyin hammasini bir sistemaga tushirib, Sizga beraman.

Karimov qora telefondan Tursinovga sim qoqdi. Salom-aliksiz gapira boshladi:

-Og’ayni, ishingiz bitgan. Qo’limizda juda ko’p hujjatlar bor. Istasak, ertagayoq ishdan olib tashlaymiz. O’rningizga ana u Olimovni nomzod ko’rsatishayapti, lekin men rad etdim. Chunki sizning sodiqligingizni bilaman. Siz bitta kemada ekanligimizni yaxshi tushunasiz. Ana u deputatning tekshirishlariga esa e’tibor qilmang. Ularni ham aldab turishimiz kerak. Ko’z-quloq bo’ling, tarafdorlaringiz xol qo’yib qo’yishmasin. Ertaga ertalab sessiyani to’plang, men boraman. Qolgan gapni o’sha erda gaplashamiz. Alimov etib boradi va ertalabgacha hamma ishni pishitinglar. Ijroqo’m raisini bo’sh qoldirmang, ko’nglini olishga harakat qiling…

41.GAGARIN

Ertalab Jizzaxga olib boradigan trassani tuman qoplagan edi. Karimov borayotgan mashina “tuman chiroq”larini yoqib olganiga qaramay sekin yurardi. Oldinda, orqada o’nlab mashinalarda muhofizlar, mirshablar.

Karimov Jizzaxga etib kelganda, uni viloyat partiya qo’mitasi birinchi kotibi Tursinov va ijroqo’m raisi Olimov kutib oldilar. Lekin Qizil maydonda mingga yaqin odam to’plangandi.

-Bular qaerdan xabar topishdi? -dedi Karimov Tursinovga yuzlanib.

-Siz Jizzaxga kelganimda hammangizni qabul qilaman, degan ekansiz, -deya ijroqo’m raisiga savolomuz nazar tashladi Tursinov. -Tong sahardan maydonga to’planishdi. Karimov hech bo’lmasa vakillarimizni eshitsinlar, degan shart qo’yishdi.

-Shart-partni yig’ishtiring! Orqa eshikdan kiramiz.

Karimov Jo’rabekov va Mavlonni yoniga olib, yuqoriga ko’tarildi. To’g’ri Tursinovning xonasiga kirdi:

-Siz o’zi qanaqa odamsiz? Bir xotinni quvib, uyini o’zingizniki qilib olibsiz, bolalar bog’chasini ko’chirib u erni dam olish joyiga aylantiribsiz, otuvga hukm bo’lgan odamni keltirib direktor qilib qo’yibsiz, uch marta qamalib chiqqan kishini go’sht kombinatiga rahbar etib tayinlabsiz…

Tursinov boshini eggancha indamay turardi. Uning yonida esa ijroqo’m raisi vujudining og’irligini goh o’ng, goh chap oyog’iga tashlab “ko’rdingmi?” degandek Tursinovga masxaraomuz tikilayotgan edi. Karimov buni sezib qoldi va:

-Bu jinoyatlar faqat Tursinovga taalluqli emas, siz ham babbaravar aybdorsiz. Mahalliychilik o’yini qilayapsiz. Chetdan kelgan odamning ko’zi ko’r bo’lsa, sizniki ochiq bo’lishi kerak. Ikkalangizni ham bo’shatamiz. Chiqing xonadan,-dedi.

-Bularning o’rniga kimni tayinlaymiz,-dedi Karimov o’rnidan turib eshikni mahkamroq yopib qo’yarkan.

Bu savolga hech kim javob berolmadi. Shu payt Alimov papkasidan bir qog’oz chiqardi va Karimovga uzatdi.

“Maxfiy. Faqat Prezidentga.

Jizzaxda sessiya majlisi o’tkaziladigan zalda Sizga suiqasd uyushtirilishi mumkin. Shunday xabarimiz bor, lekin deputatlarni bir-bir tekshirib kiritishga vakolatimiz yo’q. Hatto tekshirib kiritgan taqdirimizda ham tashqaridan turib hujum qilishlari mumkin. Saharga qadar mingga yaqin insonni uyma-uy yurib to’plashdi. Bu ishni ijroqo’m raisi uzoqdan turib boshqarayotgan ko’rinadi. Deputat Meli Qobulov esa faollardan biri. Shu sababdan sessiya majlisini boshqa joyda o’tkazishni taklif qilamiz.

Milliy Xavfsizlik qo’mitasi.”

Karimovning avzoyi yana ham buzildi:

-Almatov qani?-dedi.

-Tashqarida vaziyat birdan og’irlashdi. Almatov va odamlari shu ish bilan ovora.

-Endi ovora bo’lganini nima qilaman? Shu paytgacha onasinikida o’tirganmidi? Nega tinchitmadi? Nega yo’llarni bog’lamadi? Qo’rqdimi? Yoki bu bola xalqqa o’zini yaxshi ko’rsatmoqchimi? Tashqaridagi bu chollar nima istaydilar? Quloqni edilar-ku! Ana u Meliboy nima qilib ularning yonida yuribdi? O’shani ham tinchita olmadingizlar. Mahalla, mahalla, deydi enag’ar doim.

-Agar bu chollarning yo’li to’silsa, janjal chiqardi. Bizdagi xabarlarga ko’ra, ular har narsaga tayyor,-dedi Jo’rabekov.

-Bizdagi xabarlarga ko’ra esa mana bu binoni osmonga uchirishmoqchi,-deya Karimov qo’lidagi qog’ozni Jo’rabekovga qarab uloqtirdi. -Shuni bilar ekansiz, nega oldini olmadingiz? Qani gazeta? Ularni sharmisor qilib yozmoqchi edinglar-ku?

Karimov Mavlonga “Gazetani ber” degandek qo’lini cho’zdi.

-Tayyor! O’rinbosarim yozgan. Faqat sessiyadan keyin bosaylik, deb turuvdik, -qaltiray-qaltiray javob qildi Mavlon.

-Posle pojara, chto li?! -o’shqirdi Karimov.

-Akajon…

-He, akajoningni… Qani maqola? Kim yozdi, deding?

-Sharof,-dedi Mavlon.

-Sharof Ubaydullaev,-deya tuzatdi Jo’rabekov.

-U ham Tursinovni yomonlab yurgandi-ku?

-Yo’g’e…-xavotir aralash so’z qo’shdi Mavlon

-Bo’pti, nima qilamiz? Bularni tinchitishni Almatovga topshirib bo’lmaydi, o’zingiz nazorat qiling. Odamlarni tarqatish kerak,-dedi Karimov Jo’rabekovga.

-Sessiyani qoldirsakmikan?-dedi Jo’rabekov.

-Kallani ishlatib gapirayapsizmi? Ertaga ana u olomon poytaxtga boradi. Keyin nima qilasiz? Saylov oldidan hammasini qamoqqa tiqasizmi? Nima bo’lganda ham sessiyani o’tkazamiz. Boshqa joy yo’qmi? Qani ana ular? Ikkalasini ham chaqiring.

Tursinov bilan ijroqo’m raisi shosha-pisha kirib kelishdi.

-Kechasi sizni odam deb telefon qilibman. Hammayoq tinch bo’lsa hokim bo’lasiz degandim. Yo’q, hammayoq tinch yaxshi o’tkazamiz degandingiz-ku? -Karimov ijroqo’m raisining ro’parasiga kelib, barmog’ini bigiz qilib uning ko’kragiga taqadi:

-Hokim bo’ladigan odam yon veriga qaramaydimi?

-Oqsoqol, men hokim bo’laman demadim-ku?

Karimov qo’llarini cho’ntagiga solib, xonada u yokdan buyoqqa yura boshladi. Keyin ijroqo’m raisiga qarab zaharxanda kuldi. Rais o’zini oqlamoqchi bo’lganini sezib hujumga o’tdi:

-Ikkalangiz ham bir-biringizdan yashirin huzurimga bormadingizmi? Tursinov “Meni ishlashga qo’yishmayapti” desa, siz “Odamlar orasida norozilik kuchaydi” deysiz. Mana endi ikkalangizni ham bo’shatamiz. O’rtoq Olimov, tanlang qaerga borasiz? Siz ham o’rtoq Tursinov… Aslida bu chollarning talabi haq, Jizzax qarovsiz qoldi. Sharoit og’irlashib ketdi, mansablarni sotayapsizlar, odamlar oyligini vaqtida ololmaydi. Transportdan qiynalishadi, lekin buni aytish uchun ko’chaga chiqish kerakmi? Bilib qo’yinglar, men xalqning ortidan emas, xalq mening ortimdan yurishi kerak!

Ijroqo’m raisi biror bir tumanga ishga ketishga va o’zini oqlashga tayyorligini aytdi. Tursinov esa Karimovdan poytaxtga qaytarishni iltimos qildi. Karimov biroz hovuri pasayib:

-Kimni hokim qilamiz? -deb so’radi ulardan.

Ijroqo’m raisi:

-Partiyamizning Jizzax shahar qo’mitasini boshqarayotgan yigit bu ishni eplay oladi,-dedi.

Ha, sen nima bo’lsa ham Tursinovdan qutulmoqchisan, deb o’yladi Karimov. Tursinovning o’rniga esa o’zingga yaqin nomzodni aytayapsan. Aslida senga o’xshaganlarni jazolashning bitta yo’li bor, u ham bo’lsa xayolingdagi planni parchalab tashlashdir. Qani, Tursinovning ham planini o’rganaychi, deya Karimov birinchi kotibning yoniga keldi:

-Xo’sh, sizning nomzodingiz kim?

-O’zingiz kimni tayinlasangiz men ham o’shaning tarafdoriman.

Ofarin, deb o’yladi Karimov. Yo juda ham pixini yorgan siyosatchisan yoki menga sodiq va samimiysan.

-Xo’p, sessiyani boshqa joyda o’tkazsa bo’ladimi? -so’radi u Tursinovdan.

-Shaharni nazarda tutayapsizmi?

-Shahardami, go’rdami, balodami, qaerda joy bor o’zi?

-Menimcha chetroqda o’tkazish kerak,-dedi Tursinov.

-Masalan, Gagarin tumani. Menga imkon bering, bir zumda avtobuslarni chaqiraman, deputatlarni olib borishadi.

-Bo’pti, -dedi Karimov, -lekin ana u Meliboyga o’xshagan deputatlar qolishsin.

-U qonunchilik komissiyasi raisi.

-Nima, u ham viloyat, ham respublika deputatimi?

-…

-Mayli, uning og’zini ijroqo’m raisi yopadi. Boshqalar esa qolishsin, poytaxtda laqillashgani ham etadi. Yo’llarga mirshab qo’yasizlar, biror bir mashina o’tkazishmasin. Ana u chollaringiz piyoda yurib etib borguncha sessiyani bitiramiz. Almatovga ayting, qo’shimcha kuch chaqirsin. Tartib intizom masalasini ijroqo’m raisiga topshiramiz. Qaerga borishini shunga qarab xulosa qilamiz. Gap-so’z chiqmasa, viloyatda, aks taqdirda …

Karimov qo’lini uchoqqa o’xshatib havoda uchirdi-da, “Uzoq-uzoqlarga ketasan” ishoratini qildi.

Ijroqo’m raisi izn so’rab, chiqib ketdi. Orqasidan Karimov ko’zga tashlanmay xonaning burchagida o’tirgan Milliy xavfsizlik qo’mitasi raisiga “Nazoratga oling”, dedi. Keyin Tursinovga yuzlandi:

-Do’stim, hammayoqni rasvo qilibsiz-ku?

-Oqsoqol, bir yil imkon bering, hammasini tuzataman. Keyingi vaqtda ikkihokimiyatchilik bo’lib ketgandi. Yakkahokimlik xususida bizga dars berdingiz, ko’zimiz moshdek ochildi. Sizning buyuk g’oyalaringiz bor. Ularni amalga oshirishda yoningizda bo’lish sharaf biz uchun. Sizni xalqimizning boshiga Xudoning o’zi yubordi. Siz bilan ishlagan odamning baxti bor. Ham qattiqqo’lsiz, ham mehribon. Ota bolasini ham urishadi, ham sevadi. O’ldirsangiz ham, kuldirsangiz ham jonim sizniki. Ket, degan kuningiz “g’ing” demasdan ketaman. Hozir o’zimni oqlashga imkon bering.

Karimovning “erigani” yuziga yoyilgan tabassumdan bilinib turardi. Bunday gaplarni har kuni eshitib tursa-da, takror tinglaganida rohat qilardi. Jo’rabekov bilan Mavlon esa tarvuzi qo’ltig’idan tushgan bolalardek hayron bir tarzda qarab turardilar. Tursinov yotib qolguncha otib qol degandek bo’sh kelmasdi:

-Men sizning komandangizdaman. Yo’lda poezddan tushib qolgan nomarddir, deb aytgan gapingiz qulog’imda. Hatto ishsiz qolsam ham, sizga sodiq bo’laman. Agar imkon bersangiz ishlarimiz yurishib ketadi. Saylovda xalqimiz sizga naqadar sadoqatda ekanini ko’rsatadi. Saylovni buzuvchilar ham dog’da qoladi.

Tursinov ustalik bilan Karimovning ko’ngliga kirib borayotgandi. Karimov muzqaymoq yalayotgan boladek uning so’zlariga mahliyo bo’lib qolgandi.

-Ayniqsa, hurmatli Sharof Rashidovning nomini tiklash yo’lida ko’rsatayotgan jasoratingiz, u kishi vafot etgan kun munosabati ila kelib, fotiha o’qiganingiz, oddiy odamlar bilan birga o’tirib, bir chimdim bo’lsa-da osh eganingiz, xalqimizning ruhini ko’tarib yubordi. Mana bu besh-olti chollar bilan gaplashsam ham bu xususda tan berishadi. Lekin ularning cho’ntagiga pul tiqib, avtobus topib berib yurganlar bor. Sizdan ijozat olmasdan indamadim. Ular “bugun chollarni kaltaklashadi, shundan janjal chiqaramiz”, deb o’ylashgandi.

-Ular kim?

-Bittasi sobiq finotdel, ikkinchisi …, -Tursinov alanglab atrofga qaradi.-Oqsoqol, imkon bering, o’zim hammasini tartibga solaman. Bir marta sharmanda bo’lishdan saqlab qoling…

-Meliboyvni nima qilamiz?

-Bilasiz, u biroz aqldan ozgan. Shuning uchun KGBdan haydalgan. Yolg’on-yashiq gaplar bilan xalqni aldab, deputat bo’lib oldi. Pulga hamma narsani sotadi. Tul xotindek janjalchi. Hamma undan qo’rqadi. Shu bois men o’zim uni ogohlantirib turishga majbur bo’laman. Mana bular esa Meliboyni menga qayrashadi. Endi tuhmat qilib yuribdi.

-U tuhmat qilgan bo’lishi mumkin. Ertaga ana u Mirtemir boshimizni og’ritmaydimi?

-Bu yog’i hal bo’lsa, Mirtemirni o’zim qo’lga olaman.

-Biz qo’lga ololmay turibmiz-u sizning tuzog’ingizga ilinadimi?

-Yangi, chet elga tayyorlangan engil mashinadan so’z ochgandim, mumdek erib ketdi.

-Yaxshi. Unday bo’lsa yaxshilab hujjatlashtirish kerak. Ilojini qilib gapini magnit lentasiga yozib oling. Seyfga tashlab qo’yamiz. Vaqti kelganda oyog’iga kishan bo’ladi. Xo’sh, o’rtoq Jo’rabekov, masalaning bu yog’ini nima qilamiz?

Karimovning fe’lini obdon o’rganib olgan Jo’rabekov temir o’choqda yaxshi qizigani, endi uni istagan tarzda egish payti etganligini angladi.

-Imkon bersangiz, yaxshi bo’lardi. To’polonchilarni birgalashib tinchitamiz. Bir yil ishlab bersin o’rtoq Tursinov. Gap-so’z ko’paysa, keyin olib tashlaysiz.

So’ng Jo’rabekov Tursinovga yuzlandi:

-Oqsoqol har kimga ham bunday otalik qilmaydilar. Buni unutsangiz…

Jo’rabekov “ko’zingiz ko’r bo’ladi” degan so’zlarni yutib yubordi. Ammo Karimovning o’rniga qaror berib bo’lgandi.

Karimov Mavlonga qaradi.

-Ana ularni birgalashib tinchitamiz. Agar kerak bo’lsa o’rtoq Tursinov bilan taftish o’tkazib, bir-ikki aybdorni jazolab qo’yamiz,-dedi Mavlon.

-Deputatlarning ham tanobini tortib qo’yish kerak,-qo’shimcha qildi Karimov.

-Ular Sizdan so’z olganmiz, deb yurishibdi…

-Har bir aytilgan gap bajarilsa, hojatxonalar oltindan bo’lardi. Bizga esa oltin hojatxonaning keragi yo’q…

Shu payt ichkariga choy keltirishdi. Endi ular qirq yillik oshnolardek quyuq suhbatga berildilar. Suhbat davomida Tursinov eski partiyani tarqatib yuborib, o’rniga yangisini tuzish taklifini o’rtaga tashladi.

-Kommunistik partiya tuzilishi, strukturasi jihatdan tengi yo’q partiyadir. Uning kadrlar bilan ishlash tizimi dunyodagi biror-bir boshqa partiyada yo’q,-dedi Tursinov.

-Gapni dissertatsiyangizga olib kelayapsiz-a? -jilmaydi Karimov.

Bundan ilhomlangan Tursinov o’zini Karimovga yana ham yaqinroq his ettirish uchun:

-Hozir hamma joyda demokratik harakat boshlandi. Partiyamiz to’la demokratik partiyadir. Siz har bir insonning qobiliyati, tashkilotchiligiga keng yo’l berayapsiz. Barcha masalalarni maslahat qilib keyin qarorga bog’layapsiz. Demokratiya degani boshqa yana nima beradi? Shu sababdan partiyamizning nomini demokratik partiya, deb o’zgartirsak, tarixga sizning ijodingiz bo’lib kirardi, o’zimizning Gagarin bo’lardingiz!

-Gagarin…,-Karimov miyig’ida kulib qo’ydi.- Partiya masalasida men ham shu fikrdaman. Lekin muxolifatdagilar ham partiyasining nomiga demokratiya so’zini qo’shib olishgan. Shu bois fikrimni ochiqqa urmay yurgan edim, -dedi Karimov piyoladagi choyni ho’plarkan.

-Bu muxolifat bizning ham boshimizni qotirdi. Fikrimizning bir chetida ariga o’xshab in qurdi. Ana u chollarni ko’chaga olib chiqqan ham o’shalar…

Karimov birdan tumshug’ini osib, boshini egdi. U muxolifat so’zini eshitgani uchunmi yoki Tursinovning gapni uzatib yuborganidan shu holga tushdimi, atrofdagilar payqashmadi. Tursinov hayiqqancha gapirishdan to’xtadi. Karimov biroz jimjitlikdan so’ng “Nega tinchib qolding?” degandek unga qaradi.

-Oqsoqol, shu ijroqo’m raisini bo’shatib bering, -dedi Tursinov yuragining ostida yotgan toshni tashqariga uloqtirib.

-Yo’q, -dedi keskin ohangda Karimov. -U sizga birinchi o’rinbosar bo’ladi. Burnini erga ishqab ishlatasiz.

-U Mirsaidov bilan birga…

-He, Mirsaidovni ham, uni ham …

Karimov Mirsaidovning nomini eshitishi bilan qizishib ketdi.

-Bo’ldi, u ham ishlaydi. Bir-biringizni kovlashtirmay ishlaysiz. Umuman, sizlarni bir-biringizga qayrab qo’ysa, ish yaxshi ketadi. Poraxo’rlikni kamaytiring. Hammayoqqa yurtdoshlaringizni joylashtiribsiz. Ish qilsangiz, shunday qiling-ki hidi chiqmasin, og’ayni! Pul ko’payib ketgan bo’lsa, yigitlarga bering, fondga o’tkazing. Moskovlik muxbirlarni tinchitishsin, tanqidlari jonga tegib ketdi. Eshaklar bir narsa olsalar, o’n besh kun oxurdan bosh ko’tarmaydilar, keyin yana olish uchun hangraydilar. Sizlar esa pulni qaerga sarflashni ham bilmaysizlar. Omin, ketdik!

Karimov o’rnidan turdi-da, eshikka qarab yurdi.

-Mashinangiz orqa eshikda…, -dedi Mavlon.

-Nima oldingi eshikdan olib chiqmoqchimiding?

-…

Ular pastga tushganlarida, besh-olti nafar oqsoqol orqadagi hovlining bir chetida turishardi.

-Bular kim? -deb so’radi Karimov.

-Bular vakillar, -dedi orqadan yugurib kelgan ijroqo’m raisi. -Oqsoqollarga, sizlar kutib turinglar, nomingizdan vakillar Karimov bilan gaplashadi deb olti-etti kishini ichkariga oldim. Shu bilan g’ala-g’ovur tinchidi.

-Ofarin, biz sessiyani o’tkazib qaytguncha, bular kutib o’tiraverishsin, -dedi-da Karimov mashinasiga mindi. Shu payt oqsoqollar mashina tomonga qarab yugurishdi. Birdan oldinga chiqqan mirshablar ularni to’xtatib, ichkariga qarab sudrashdi.

Gagarin tumaniga qadar yo’llar uch halqada o’rab olingandi. Majlisda Meli Qobulov birinchi qatorda jim o’tirgandi. Umuman, “g’ing”d egan odam bo’lmadi. Karimov minbarga chiqib, Tursinovni viloyat hokimi, ijroqo’m raisini esa birinchi o’rinbosar etib tayinlagani haqida gapirdi.

-Men bu haqda farmon e’lon qildim. Ana shu farmonni tasdiqlashlaringizni so’rayman, -dedi.

Hamma qo’l ko’tardi. Majlisdan chiqarkan, Karimov Mavlonga :

-Farmonni bugunoq e’lon qil. Keyin bugungi chislo bilan yozib kelsang, imzo chekib qo’yarman.

Karimov mashinaga minarkan, Jo’rabekovga:

-Keyinroq olib tashlaymiz. Hozir bo’shatsak, anavi isqirt chollar “Mana bizning talabimiz bajarildi” deb, dunyoni buzishardi. Qovun qovundan rang olar deganlaridek, keyin bu epidemiyani to’xtata olmasdik. Biz kimlarningdir talabi bilan emas, o’z xohishimiz, o’z kuchimiz bilan ishlayotganimizni ko’rsatishimiz kerak. Bu o’pkasi yo’qlarni biz emas, Tursinovning o’zi tinchitsin.

-Qoyil oqsoqol, Sizga tan beraman ,-dedi lo’nda qilib Jo’rabekov.

-Mayli, maqolani nazoratga oling. Sarlavhasini yaxshi topibsizlar: “Avtobus hokimiyati”. Endi avtobuslarda poytaxtga qatnaydiganlarga ham chek qo’yinglar. Sessiyada mana men ochiqcha aytdim, dodini Xudoga aytsin. Shikoyat bilan ish bitirish davri o’tdi. Kerak bo’lsa, o’zimiz aytamiz, ana o’shanda yozishadi.

Ular bir-birlariga qarab jilmayib qo’ydilar. Karimov Tursinovni yoniga chaqirdi-da:

-Ijroqo’m raisi … e, o’rinbosaringiz qolsin, sizni esa olib ketamiz. Poytaxtda yangi lavozimni yuvamiz,-dedi.

-Shu erda choy aytganman.

-Bu erda choyni ham zahar qilishadi. Yuring, og’ayni, borib ellik-ellik qilamiz. Bugun mening hisobimdan ichasiz…

Mashinalar turnaqator bo’lib, yo’lga chiqdi. Ko’p o’tmay ular Jizzax chegarasida to’xtashdi. Negadir Tursinovni qoldirib ketishdi. Hokim mashinalar ortidan qo’l siltab qolarkan, u bilan birga mehmonlarni orqadan kuzatib kelgan viloyat rahbarlari ham saf tortgancha, qo’l siltashardi…

42. ZANJIRLI DARA

Mirtemir Juma Bekni darrov tanidi. Talabalikning ilk paytlari bir yotoqxonada turishardi. U yillardan qolgan bitta xotirasi bor.

…Har yakshanba kuni mardikorlikka chiqishardi. Bir safar ularni eski uyni buzishga olib borishdi. Endi ish boshlashgandi ham mirshablar kelib, uy buzishni to’xtatishdi va sohibini tutib ketishdi. Ular qaytib mardikor bozoriga kelishganda “tarixiy” maydonda hech kim yo’q edi. Kutib-kutib yotoqxonaga qaytishdi. Cho’ntaklarida bir miri ham qolmagan edi. Yotoqqa cho’zalgancha xirgoyi qilib “shiftdan olma terishardi”. Eshik taqillab, ichkariga qotgan non terib yuruvchi bola kirdi.

-Qolgan-qutgan nonlardan bormi? -dedi u har doimgi ohangda.

Juma Bek o’rnidan turib, bolaning elkasidagi xaltani oldi-da, ichidagilarni stolning ustiga to’kdi. Qotgan non burdalaridan bir qanchasini terib olib, qolganini siyirib, xaltaga soldi.

-Doim sen bizdan olasanmi, biz ham bir marta sendan olsak osmon uzilib erga tushmas, -dedi.

Bola Juma Bekka hayrat bilan mo’ltirab qaragancha, elkasini qisib, indamay chiqib ketdi. Juma Bek kosani suvga to’ldirdi-da, qotgan nonlarni ivitdi.

-Qani, turing, o’rdak sho’rva hozir, -dedi.

Oradan ko’p o’tmay Juma Bek boshqa fakultetga “ko’chib” ketdi. Ular ahyon-ahyonda uchrashib qolsalarda, endi boshqa-boshqa sohilning odamlari edilar. Bir necha yillardan keyin Mirtemir Juma Bekning qaysi bir raykomda bo’lim mudiri bo’lib ishlayotganini eshitdi, lekin uning bu erda ekanligi xayoliga ham kelmagandi. O’tgan safar Muborakka kelganida, Ibod To’ra:

-Yaqinda qo’shni tumandan raykom birinchi kotibligiga ashaddiy kommunistni keltirishdi. Bizga qarshi isyon boshlatdi u,-dedi.

Mirtemir u bilan uchrashmoqchi bo’ldi, lekin safarda ekan. Mana endi u qarshisida turibdi. Talabalik yillarida qilichdek ixcham edi. Endi semirib, qorin “bog’labdi”. Faqat ko’zlarigina uning o’sha eski Juma Bek ekanligidan darak berardi.

Juma Bek Mirtemirni quchoqlab, “kuchimni ko’rib qo’y” degandek, bir aylantirib, belidan mahkam qisdi. Keyin:

-Sizni kutaverib, ko’zimiz sakkiz bo’ldi, kun oqshomga, tong saharga aylandi, -dedi.

Ular ko’p gaplashmadilar. Mirtemir horib kelgani uchun raykomning mehmonxonasidagi o’ziga ajratilgan joyga o’tib, uxlamoqchi bo’ldi. Lekin uxlay olmadi.

Juma Bekning so’zlari quloqlarining ostidan ketmasdi:

-Men bobokalonimiz Amir Temurning tarixi bo’yicha doktorlik ishi qildim. Islom akaning maslahatchisi Ziyomov menga ustozlik qildilar. Tumanimizda “Zanjirli Dara” degan joy bor. Bu erni Amir Temur obod qilganlar, shu xususda turkum maqolalar yozdim. Ertalab Sizni o’sha erga olib boraman,-degandi u Mirtemirni mehmonxonada qoldirarkan.

Bu Mirtemirning g’amnok ko’nglida miltiragan ishiq yoqqandi. Har holda bu erga kelishim bekorga ketmaydi, bir tarixiy maskanni borib ko’raman, deb o’yladi u. Keyin Amir Temur haqidagi rivoyatlar xayolidan o’ta boshladi.

RIVOYAT

… Bir kuni Amir Temur uzoq safarga chiqibdi. Yo’lda “Tog’ etagidagi Chambil elda tunab qolamiz” deb buyuribdi. Chambil elga etib kelganlarida, bu erdagi ahvolni ko’rib, Temur hayratlanib qolibdi.

-Bu shahar dunyoning eng go’zal eri, jannatmonand bog’lar, dillarni rom etguvchi bulbullar, musiqa-ohang, sas chiqarib oquvchi irmoqlar, Alpomishdek dev qomatli chinorlar, ichsang suvi umrni daroz aylaguvchi chashmalar maskani edi. Bularning hammasiga nima bo’ldi? Nega bu shahar vayronaga aylandi? -deya navkarlarini shaharga yuboribdi Temur.

Navkarlar shaharni aylanib, bir tirik jonga ro’baro’ kelmabdilar. Hamma yoqda odamlarning va hayvonlarning suyaklari sochilib yotgan emish. Shaharning ko’chalariga dorlar qurilgan bo’lib, har bir dordagi iplarda suyaklar osilib turardi.

Navkarlar shaharning u burchidan kirib narigi burchidan chiqib ketar ekanlar, oniydan bir jonivorga duch keldilar. Odam desa odamga, hayvon desa hayvonga o’xshamaydigan maxluq. Bir qarashda maymunni eslatardi. Unga e’tibor qilmay o’tib ketishayotgandi, u qo’l siltadi. Shunda navkarlardan biri:

-Kimsan? -dedi unga.

-Menga kimsan deyishga hech kimning haqqi yo’q! Men bu shaharning hokimiman, -deya do’rillagan sas chiqardi u.

Navkarlar kulishdi:

-Shaharmish, vayrona-ku, demak sen-boyo’g’lisan!

-Men Amir Temurning yo’lini poylab yotibman, faqat u bilan gaplashaman. Dardimni unga aytaman. Siz esa yo’qoling, daf bo’ling!

Navkarlar Temurning huzuriga qaytgach, ko’rgan-bilganlarini unga aytib berishdi. Temur hayratlanib “hokim”ning yoniga bordi.

-Kimsan, nima uchun bu jannat el bu ahvolga tushdi? Nega insonlar qirilib ketdilar? Nega shahar vayronaga aylandi? -dedi.

-Menga Amir Temurdan boshqa hech kim savol berolmaydi. Yo’lingdan qolma, ey, musofir.

-Qarshingda Amir Temurning o’zi turibdi.

-Unday bo’lsa seni Allohning o’zi yubordi. Men Allohga yolvorib, jonimni olishini istadim. Vahiydan kelgan bir ovoz “Dunyoi-zaminning hukmdori Amir Temur sen tomonga kelmokda, boshingdan o’tganlarni unga aytib bersang, u seni o’ldirsa, o’shanda Alloh joningni olishi mumkin”ligini anglatdi.

-Xo’sh, boshingdan nima o’tdi?

-Ey, bu dunyoning hukmdori! Meni erinmay tingla. …Yosh yigit edim. Ota-onamni sevmadim. Mayxo’rlikka ruju qo’ydim. Har kuni ota-onamni kaltaklardim, oxiri ular meni “oq qilib”, uydan haydashdi. Darbadarlik kunlarimda bir boyning qizi bilan tanishdim. U meni odam qildi. Unga uylandim. Otasining yordami bilan Chambil elda hokimlikka qadar yuksaldim, lekin shaharda ishlar yurishmadi. Buning sababini tili burrolardan, kamchiligimni aytganlardan ko’rdim. Ularning tillarini kesdirdim. Biroq ishlarim oldinga ketmadi. Keyin olimu fuzalolar, dindoru ulamolar xalqni yo’ldan urmokda, deb o’yladim. Ularni zindonlarda chiritdim, lekin ishim yurishmadi. So’ngra qo’l ostimda ishlaganlarni aybladim. Shaharda dorlar qurib, ularni ostirdim. Dorlarda insonlar osig’lik turdilar, lekin ishim yurishmadi. Xalqim qirilib ketdi, hayvonlar yo’q bo’ldilar, buloqlarning ko’zi ko’mildi, og’ochlar qurib qoldi. Faqat men yashayapman. Na inson, na hayvonman!

Ey, bu dunyoning hukmdori, zulfiqoringni chiqar va boshimni kes! Meni bu dahshatli azobdan qutqar!

-Men seni o’ldirsam, qilichim harom bo’ladi, -dedi Amir Temur.

-Agar o’ldirmasang, menga bu azobdan qutulishning yo’lini ayt.

-Sen borib ota-onangning qabrini top, ular seni kechirsalar, o’shanda Asror joningni oladi.

Temur shunday debdi-da, sudralgancha uzoqlashgan “hokim”ning orqasidan ikki navkarini yuboribdi. Navkarlar qaytib kelgach, Temurga:

-U sudrala-sudrala qabristonga etib bordi. Ota-onasining qabrlari cho’kib yotgan ekan. Ularning ruhiga yolvorayotgandi, boshi bilan chuqurga-qabrning ichiga tushib ketdi va o’sha erda o’lib qoldi, -dedilar.

Temur bilan suhbatlashib o’tirgan Mir Said Baraka:

-Bu oqpadar ekan, oxirida ota-onasining ruhi uni avf etdi va qiynoqlardan qutuldi. Lekin bu xalqning gunohi nima edi-ki, bu qadar Allohning qahriga uchrabdi?

Amir Temur biroz o’ylanib turdi-da, javob berdi:

-Alloh yer yuzidagi vakolatlarni insonlarga berar ekan, ularga aql, iroda baxsh etdi. Ammo ular buni bir chetga surib, bir oqpadarni elkalariga ko’tardilar. Bu esa Allohni g’azablantirdi. Oqibatda go’zal bir shahar bilan birga bu dunyodan silindilar, -dedi.

… Mirtemir bu rivoyatni nima uchun eslaganini o’ylab ham o’tirmadi, chunki xayol eshiklaridan ikkinchi rivoyat kirib kelgandi.

RIVOYAT

Amir Temur har payshanba kuni siyosiy mahbuslar bilan o’zi suhbatlashardi. Bu safar uning huzuriga uch kishini olib kelishdi.

-Bu Suzangaron mahallasidan. To’y-ma’rakada, juma xutbalarida “Vatanim, Vatanim, Vatanim” deydi. Vatan va millatni takror-takror so’zlarkan, ko’zlaridan yosh sizib chiqadi, ovozi xirillab qoladi. Ammo hayotda ko’p odamlarning dilini og’ritgan.

-Uning boshini tanasidan judo qiling,-dedi Amir Temur.

Devonbegi ikkinchi mahbus haqida ma’lumot berdi:

-Bu Motrid mahallasidandir. Yig’inlarda, to’y-ma’rakalarda “Xalqimiz ochdan o’lar holga keldi. Na bug’doy bor va na non. Hamma narsa urushga ketmokda” degani-degan.

-Buni eng chuqur zindonga tashlanglar! Ammo saroydagi eng totli taomlardan va jamiki noz-ne’matlardan istagani qadar berib turishni kanda qilmanglar, -dedi Amir Temur.

So’ngra Devonbegi uchinchi mahbus haqida ham qisqa ma’lumot berdi:

-Bu Bog’ishamol mahallasidan. O’tgan juma kuni xalq oldiga chiqib “Amir Temurning falon-falon farmonlari noto’g’ridir”, dedi.

-Buni saroyga mushovir qilib ishga olinglar, -dedi Amir Temur.

Saroy a’yonlari Amir Temurning bu qarorlaridan hayratga tushdilar va Mir Said Barakaning huzuriga kelib, undan bu qarorlarni izohlab berishni so’radilar.

Mir Said Baraka:

-Birinchisi, Vatan,  millatni o’ziga qalqon qilib olgan badbaxtdir. Bunday odamlar juda ham tahlikalidirlar. Ulardan ne qadar tez qutulsak, Vatan va millatga shu qadar xayrli bo’ladi. Ikkinchisi esa, hayotni qorindan iborat, deb tushunadi. Undaylarga hayot nima ekanligini anglatmoq kerak. Qorong’u zindonda yotsa, bu hayotda egulikdan boshqa juda ko’p aziz narsalar borligini tushunadi. uchinchisi esa, Vatan va millatga o’zini qalqon qildi. U Amirning farmonlaridagi yanglishlarni aytar ekan, o’zini emas, mamlakatni o’yladi. Temur hazratlari ana shunga ko’ra, qaror berdilar, -dedi…

 

43.SAMIMIYAT

Mirtemir tong bo’zarib qolganda, uyquga ketdi. Bir “chimdim” uyquni olmasdan uyg’ondi va “Zanjirli Dara”ga ertaroq bormoq uchun mehmonxona hovlisiga chikdi. Ammo Juma Bek va viloyatdan unga hamroh bo’lgan kishini uzoq kutdi. Nonushta tayyor bo’lgach, ular kirib keldilar. Choy ichib u yoq-bu yokdan suhbatlashgan bo’ldilar-da, yo’lga chikdilar. “Zanjirli Dara” uzoqda ekan. Ikki-uch soat deganda, arang etib keldilar. Atrofda bir sardoba qoldig’i va bir daraxtdan boshqa hech narsa yo’q edi.

-Bu erdagi shahar qum ostida qolgan,-dedi Juma Bek. -Garchi cho’l havosi biqiq bo’lsa-da, ana shu tabarruk joyda tushlik qilamiz, -u shunday deb, shofyoriga imo qildi. Shofer yigit mashinadan dasturxon, ko’rpachalarni olib, daraxt ostiga to’shay boshladi.

-Aslida cho’lning sarrin shabadasiga teng keladigan narsa yo’q, lekin gazni qayta ishlash zavodidan chiqadigan zahar shu erlarga qadar etib keladi, -dedi viloyatlik hamroh.

Mirtemir ularning maqsadini tushunmadi. Nahotki, tushlik uchun bu erga kelishdi? Balki bu qumlar ostida biror bir shahar yo’qdir? Agar shahar qum ostida qolgan bo’lsa, bu daraxt va sardoba nima uchun yo’qolmadi? Mirtemirning qalbida zilzila boshlandi. Zilzila kuchayib, umid va ilinj tog’larini yakson qilish barobarida, ko’ngil taxmonlarini ham buzib yubordi.

Shu lahzada u dunyoga sig’mayotgan edi. Nayzadagi quyoshning tig’ini, hududsiz cho’lning shabadasini va u shabada keltirayotgan yoqimsiz gaz hidini, xullas, hech birini his qilmayotgan edi. Yonidagi odamlar ham cho’l sarobi kabi goh ko’rinib, goh ko’zdan g’oyib bo’lardilar. Chunki uning butun diqqati zilzila markazida edi. Zilzila markazi to’fonga aylangan va bu to’fon ko’krak qafaslarini siqishtirayotgan edi.

Siyosat, dunyodagi eng jirkanch o’yin ekan, deb o’ylay boshladi u. Nega unga mahliyo bo’ldim? Uning qaysi raqsiyu, qaysi musiqasi meni rom etdi? Nahotki, siyosatga kirmasdan kurashish mumkin emas? Yo’q, siyosat butun jamiyatni o’z panjalariga bog’lagan. Uning chetida qolib, har qancha mujodala etma, natijasiz qolaverasan. Xo’sh, mana siyosatga kirding, qanday natijaga erishding? Balki ana ular ichlarida seni masxara qilib, ustingdan kulayotgandirlar? Chunki orqavarotdan qandaydir o’yinlar o’ynalayotganini his qilayapsanu ammo bilmaysan. Mana bular esa, balki barchasidan xabardor?! Chiziqlarni, balki ana shular chizgandir?!

Yo’q, xaritani chizganlar boshqa, bular ham uning yo’lchilari.

Bularga, seni shahardan, odamlardan uzoqlashtirib, cho’lu-biyobonda tutish amri berilgan bo’lsa-chi? E, yo’q, birodar, o’z bahoingni juda ham oshirib yuborayapsan. Sen bu dunyoda va bu jamiyatda juda kichik odamsan, balki zarradan ham kichikdirsan?! Bu qadar odamni seni izingdan nega qo’yib qo’yishsin?

Nega qo’yishmasin? Bu dunyoda har bir zarraning ulkan tog’lar qadar ahamiyati bor, qolaversa, sen nega o’zingni bu qadar tubanlarda ko’rmoqchi bo’layapsan? Inson tog’ ustiga, yuksaklikka ko’tarilgani sayin, ko’zlarda, nazarlarda kichrayib boradi, ammo o’z qalbida, ruhida esa yuksalish his etadi. Sen nega aksini istayapsan?

Mirtemir o’zi bilan o’zi olishardi. Go’yo ichidan boshqa bir Mirtemir ajralib chiqib, qarshisida o’tirgancha u bilan ayovsiz tortishardi.

Biz ayrildikmi, demak, ruh boshqa vujud boshqa bo’ladi, deb o’yladi Mirtemir. Bu esa insonning inqirozidir. Bitishi, tamom bo’lishidir. Vujud va ruh mujassam, bir butun bo’lganda, inson kuchga aylanadi. Bu kuchni engadigan, sindiradigan faqat o’limdir. Inson o’limdan boshqasiga engilmaydi. Lekin sen hali o’zing ham bilmaydigan voqealar ta’sirida engilib o’tiribsan. Aslida engilmoq ham muzaffarlikdir. Agar rostdan ham biror bir o’yin o’ynalayotgan bo’lsa, iste’fo beraman. Ularning qo’lida qo’g’irchoq bo’lishni yoki chizgan xaritalari bo’ylab yugurishni istamayman.

Bu paytda Juma Bek daraxt ostiga to’shalgan ko’rpachaga yonboshlagancha tandirda pishirilgan kabobni pishillagancha eyayotgandi.

Nahotki, u qotgan non egan kunlarini unutgan bo’lsa? O’shanda bolakayning to’rvasidan olinagan qotgan non xuddi mana shu tandir kabob kabi unga lazzat bermaganmidi? Ammo o’shanda Juma Bekning yuzlarida sevinch va mamnunlik bor bo’lsa, hozir kibor va manmanlik ufurib turibdi.

Juma Bekning parvoyi palak, dunyoni suv bossa to’pig’iga chiqmaydi. Nega men uni yomon ko’rayapman, nega uni ayblayapman? Balki u hayotning mantig’i shundan iborat deb o’ylar va barcha harakatlarini to’g’ri deb bilar?! Qolaversa, doktorlikni yoqlabdi. Katta bir rayonning rahbari. Balki o’z yo’lida e’tiqodlidir. Buning ustiga senga nisbatan sovuq munosabatda bo’lgan emas. Eski do’stlar kabi bag’rini ochdi.

Mirtemir mushohadalarni bir chetga surib, tandirda pishirilgan uy nonidan emoqchi bo’ldi, ammo bir tishlam non labi bilan tomog’ining o’rtasida uzoq aylandi. Bolalik yillarini esladi. Uylarida non bo’lmagan kun, tomga chiqib “Menga issiq non pishirib beringlar” deb dodlagan ekan. O’shanda, rahmatli onasi xastalanib qolgani uchun, issiq non pishiradigan odam topilmabdi. Biroz ulg’aygach, bu voqeani aytib berishsa, qulog’iga qadar qizarib ketardi. “Ayb bolamda emas, men unga har kuni kulcha pishirib berib, yomon o’rgatib qo’ygandim”, deya uning boshini silardi onasi.

Shu damda Mirtemir o’sha kulchalarni qumsadi. Balki, men tomga chiqmagandirman?! Agar tomga chiqadigan yoshda bo’lganimda, u voqea esimda qolardi. Balki, kulgi bo’lsin, deya bu voqeani o’ylab topishgandir?! Chunki kulcha nonni, ayniqsa, xamirning ustiga sharbat surib pishirilgan kulchani juda ham sevishimni bilishardi-da! Hovlimizning ichidan ariq oqib o’tardi. “Oq ariq” edi nomi. Ariq bo’ylariga ekilgan gullar ham oppoq bo’lib ochilardi. Darvozadan kiraverishda esa, bir tut daraxti bor edi. U ham oppoq bo’lib pishardi. Men kulchani ariqning boshlanish qismiga tashlab, o’zim ko’cha orqali suvning hovlidan oqib chiqadigan joyiga yugurib borardim. Har doim kulchadan oldin etib borishga harakat qilardim. Obdon charchaganimda kulcha ham hil-hil bo’lardi. Keyin uni oppoq pishgan tut bilan, mazza qilib erdim. Eh, u kunlar, qayda-yu bu kunlar qayda?!

Bolalik taassurotlari Mirtemirning ko’nglidagi zilzila otashini biroz tushirdi. Shunga qaramay, u Juma Bek bilan ochilib suhbatlashmadi. Hatto uning gaplarini oxiriga qadar eshitishga urinsa-da, xayollari boshqa o’rmonlarga kirib ketardi.

Quyoshning “boshi uzilgan” paytda Juma Bek dasturxonni yig’ishtirishga buyurdi. Mirtemir bu erdan ortga qaytmasligini va poytaxtga ketajagini aytdi. Juma Bekning yalinib, yolvorishiga qaramay, ular shu erda xayrlashdilar. Juma Bek qo’l siltash o’rniga soatiga qaray-qaray qoldi.

Ular viloyat markaziga etib kelganlarida, poytaxtga uchadigan so’nggi uchoq ham allaqachon parvoz qilish uchun erdan ayrilgandi. Mirtemir yana bir kechani mehmonxonada o’tkazishga majbur bo’ldi. Ertalab, nonushta payti radiodan eshitilgan xabar uning ko’nglidagi zilzilani o’n daraja oshirib yubordi. U portfelidan bir qog’oz oldi-da, ishdan ayrilajagi haqida ariza yozib, yana portfeliga solib qo’ydi. Keyin mehmonxona hovlisida o’ralashib yurgan bog’bonning yoniga keldi:

-Hormang, ota!

-Bor bo’ling, Mirtemirjon! Kelishingizni uch kundan buyon kutib yotgandik. Bir suhbatingizga ishtiyoqmandmiz,-dedi.

-Yo’g’e, men o’zim bu erga kelishimni bilmasdimu siz qayoqdan bilardingiz?

-Ukajon, yer tagida ilon yursa, biz sezamiz. Bu erda uch kun oldin qimir-qimir boshlangandi. Otingizni eshitganlar jim turisharmidi? Menga qadar xabar kelib etdi.

-Bo’pti,-dedi Mirtemir, jahlini tishlab. -Otaxon, aytingchi, sizga mana bu daraxt qurib qolgan, qurtlagan, boqqa zarar berayapti, uni qo’porib tashla, deyishsa, Siz bu ishni bajarsangiz, lekin ertasiga kelganingizda mehmonxona mudiri qaytadan ekib qo’ygan bo’lsa, nima qilasiz?

-Nima ham qila olardim, uka? Kattaning aytgani aytgan. O’ynashmagin arbob bilan, deganlar. Qurigan daraxtga ham salom berib yuraveramiz.

-Izzat-nafsingizga tegmaydimi?

-Izzat-nafsni o’ylasak, och qolamiz. Bu erga kimlar kelib, kimlar ketmadi. Qancha-qancha izzat-nafsini o’ylagan odamlarni yo’qotib yuborishdi. Bu bilan meni izzat-nafsi yo’q odamga chiqarib qo’ymang. G’ururim ichimda. Ichimda ularni buralab-buralab so’kaman. Yoki alamimni chechangizdan, bolalardan olaman. Bu dunyoda yashashning boshqa yo’li yo’q. Sizga o’xshagan yigitlarni ham sindirib yuborishadi. Bularga mevali daraxt emas, qurigan va chirigan daraxt kerak. Chunki istagan paytlarida, bir tepib yiqitadilar yoki axlatga olib chiqib tashlaydilar va ko’ngillari rohatlaydi.

Mirtemir bog’bondan bunday javobni kutmagandi. Nahotki, xalqimiz shu ahvolga tushib qoldi? Nahotki, hamma shunday o’ylaydi? Yo’q, ba’zilarning qomatini egishdi, ba’zilarning tafakkurini yo’qotishdi, ba’zilarning esa jasoratini o’ldirishdi. Ammo shundaylar borki, egilib, qaytadan qomatini rostlaydi, tafakkurini yo’qotib tafakkurini topadi, jasoratidan ayrilib jasoratli bo’ladi, ya’ni soxtalarini yo’qotib aslini topadi. Ana shundaylar boshqalarni ham o’z orqasidan ergashtiradi, deb o’yladi u qo’nalg’aga yo’l olarkan.

Mirtemir mingan uchoq poytaxtga qo’nishi bilan hukumat rahbarlariga xizmat ko’rsatadigan mikroavtobus tramplin yoniga kelib to’xtadi. Uchokda biror bir rahbar bormikan, deya Mirtemir yo’lovchilarga bir-bir nazar soldi. Yo’lovchilarning hammasi oddiy insonlar edi. Uchoqdan tusharkan, mikroavtobusdagi qiz:

-Sizni kutib olishga chiqdik. O’rtoq Kraynov bir necha marta qo’ng’iroq qildilar. Prezident Sizni kutayotgan ekanlar. Mashina ham yuborishibdi, -dedi.

Mirtemir indamay mikroavtobusga chikdi va bu ham o’yinning davomi deb o’yladi. Bormasdan arizamni berib yuborsammikan?! Yoki borib hamma gapni Karimovning yuziga aytib, chiqib ketsammi?! Balki Karimov biror bir bahona o’ylab qo’ygandir? Bir haftadan keyin sessiya bor, saylov oldidan o’tadigan bu sessiyada muhim qonunlar qabul qilinadi. Balki sessiyada so’zga chiqib bu o’yinlarni fosh etarman? Shu sababdan Karimovning o’zi bilan uchrashib, arizani unga topshiraman.

Kraynov Mirtemir bilan ko’risharkan, uni Karimovning huzuriga boshladi.

-Xush keldingiz, -dedi Karimov. -Yo’qligingiz bilinib qoldi. Ertaga Iqtisod dorilfununida olimlar bilan uchrashuvim bor, mana bularga ma’ruza yozinglar desam, qog’ozni bo’sh gap bilan to’ldirishibdi, -dedi u eshik tomonni ko’rsatib.

-Yozib bergan bilan majlisda baribir uni o’qimaysiz, -dedi Mirtemir.

-O’qimasam ham ma’ruzadagi fikrlarni gapirib beraman.

-Jizzaxda ma’ruza qilishingiz uchun nutq yozib berganlar bundan keyin ham xizmatingizni a’lo darajada bajarishsa kerak. Men esa iste’fo arizamni keltirdim.

Karimovning birdan jahli chiqdi. Yuzi sholg’omdek qizardi, ko’zlarining atrofiga tundlik yugurdi, baqirib yubormoqchi bo’lgan kishidek butun vujudidagi kuch bo’g’ziga to’plandi.

-O’tiring, -dedi.

Mirtemir Karimovning bu ohangiga parvo qilmay arizani uning yoniga qo’ydi.

-Siz bilan bugun kelib ertaga ketish uchun anglashganimiz yo’q! Sizni jasoratli yigit deb o’ylagandim. Sal narsaga qo’rqib qochishingizni xayolimga ham keltirmagandim.

-Men qochayotganim yo’q. Saroy o’yinlarini tark etayapman.

-Ofarin! Mana men saroy o’yinlariga chidab o’tiribman. Menga oson deb o’ylaysizmi? Men ham oddiy insonlar kabi choyxonaga chiqib choy ichishni, otamlashishni, tog’larga chiqib suhbat qilishni istayman. Lekin butun vaqtim mana shu tandirning ichida o’tadi. Ertalabdan oqshomgacha, oqshomdan ertalabgacha yonaman. O’ylaysizki Jizzax masalasida Sizni aldab, o’yin ko’rsatdik. Davlat ishlari oson emas. Ba’zilarini shart-shurt hal etish kerak. To’g’ri, Jizzax bo’yicha Sizning fikringizni olishim kerak edi. Lekin mana bu ifloslar, -Karimov mana bu der ekan qo’lini bigiz qilib, xonasining past qismini ko’rsatdi. Xonasining ostida esa Mavlon bilan Alimovning kabinetlari bor. -Sizni Muborakka yuborishibdi. Men ularga Ibod To’rani va Mirtemirni chaqiringlar, birgalashib gaplashamiz, degandim. Meni yanglish anglashibdi. Bu Ziyomov degan eshakning dumiga supurgi bog’layman.

-Siz Tursinovning qilmishlarini yaxshi bilasiz…

-Ha, bila turib, hech narsa qilolmadim. Shuning uchun ham sizga o’xshagan yigitlarning yordamiga ehtiyojim bor. Mana sizning xabaringiz yo’q, menga ikki marta suiqasd hozirladilar. Ishga kelayotganimda, meni otishmoqchi bo’lishdi. Xayriyatki, qo’rimalar sezib qolishdi.

Mirtemir “Mantikris hangomasi” deya tarqalgan mish-mishni esladi. Bir kuni o’n uch -o’n to’rt yoshlardagi bola sport miltiqchasi bilan qush ovlayotgan ekan. Uni Karimov o’tadigan yo’lning yoqasida ushlashibdi. Keyin otasini, akasini ham qamab qo’yishibdi. Balki o’sha voqeani aytayotgandir, deb o’ylagan Mirtemir:

-Yaqinda bo’ldimi? -deya so’radi.

-Bittasi ikki oy oldin edi, ikkinchisi ikki kun oldin, Jizzaxda ro’y berdi. Meni portlatib yubormoqchi bo’lishdi. Xudoga aytganim bor ekan, qutulib qoldim. Siz bo’lsangiz menga sitam qilasiz. Saylovni eson-omon o’tkazib olaylik, bu Tursinovlarni, ularning mafiyalarini sichqonning iniga kiritib yuboramiz. Lekin bilib qo’yishsin, men ulardan qo’rqmayman, oxiriga qadar kurashaman. Meliboy bilan ham gaplashdim. Bechoraning xalqdan boshqa tashvishi yo’q. Uni qilmishlari uchun KGBdan haydalgan, deb meni ishontirishgandi. Vaholanki, xastalanib, pensiyaga chiqqan ekan. Unday yigitlarni qo’llashimiz kerak.

Mirtemir o’ylanib qoldi. Karimov shu qadar samimiy va hayajon bilan gapirayotgan ediki, uning gaplariga shubha qilish mumkin emasdi.

-Mana ko’rasiz, ikki-uch yilda bu davlatni dunyodagi eng katta mamlakatlardan biriga aylantiraman. Xalqimiz jannatning ichida yashaydi. Hammaga uy beraman, yer beraman. Qishloqlarni obod qilaman, kolxozchining uyi bilan hokimning uyi bir xil bo’ladi. Boy -kambag’al degan gap bo’lmaydi. Odamlar sud, prokurorning eshigida kutib o’tirmaydilar, onalar, bolalar kasalxonalarda vafot etmaydilar. Maktab bolalari paxtaga chiqmaydi. Faqatgina oltinlarni sotsak, bu masalalarni hal qilish mumkin. Yana sotadigan qancha-qancha narsalarimiz bor. Lekin ishlashga qo’yishmasa nima qilay? Bularning hammasini quvsam, yangi insonlarni, yangi kadrlarni qaerdan topaman? Sizga o’xshaganlarga ishonsam, yuzimga arizani otasiz. Iste’fodan oson ish yo’q. Lekin mas’uliyatni ko’tarish og’ir. Siz faoliyatingizni to’xtatmang, Tursinov masalasini davom ettiring, uni sharmisor qilamiz. Avval qo’lini, keyin oyog’ini kesaylik, undan keyin boshini uzamiz.

Mirtemir indamay Karimovning “nutq”ini tinglardi. Karimov minbarda yuzlarcha insonga xitob qilayotgandek, jo’shib gapirardi.

-Bilaman, siz menga ishonmaysiz. Oling, mana buni o’qing. Bu erda Shukrullo Mirsaidovning va umr yo’ldoshining kirdikorlari yozilgan. Xorijga borganda, necha tonna marvarid keltirganini bilasizmi? Hozir men uning gribonidan bo’g’sam, o’tirgan binomizni osmonga uchiradi, kulimizni ko’kka sovuradi. Ana u boboyni parlament raisi qilib qo’ygandim. Hammayoqni masxaraga aylantirdi. Bir jasoratli yigit- Polvonzodani Oliy sud raisligiga tavsiya qilmoqchi edim, “Millati boshqa, o’tkazishmaydi” deydi. Bu masalalarda sizlar yordam bermasangiz, kim yordam beradi? Mana, otasiga rahmat, Iso Xolis dardimni angladi, menga katta yordami tegayapti. Men ham bo’sh turayotganim yo’q, aytganini yaratib berayapman. Narigisi ham xizmatimizda.

Karimov birdan otdan tushib, ajriqda o’tirgan kishidek, chuqur nafas oldi-da, stolga engashgancha, og’ringan bir sasda, yolvorgan bir ohangda so’zini davom ettirdi:

-Men ham otaman! Bolalarim bilan o’tirib dardlashishni istayman, ular bilan bog’u-rog’larni kezgim keladi, lekin mana shu stolga mahkumman. Robotga o’xshab qoldim. Ba’zan hammasiga qo’l siltab, hayyo-huy deb chiqib ketgim keladi. Ammo bechora xalqimizning ahvoli nima bo’ladi? Jizzaxda chol-kampirlar bo’ynimga osilib yig’lashdi, rahmatli onamni esladim…

Karimovning ko’zlari birdan yoshga to’ldi. Mirtemir unga bir nigoh tashladi-yu boshini egdi. Haqiqatdan ham, men uni tushunmagan bo’lsamchi, deb o’yladi. Kap-katta odam, bir davlatning rahbari bekordan ko’ziga yosh oladimi? Rostdan ham atrofidagilarning hammasi shaxsiy manfaatdan boshqa narsani bilishmaydi. Bu odamning yuragida, balki, ezgu-niyatlar yashirindir?! Bir tomonda Moskov, ikkinchi tomonda eski zehniyatdagi insonlar uni qurshovga olishgan. Erkak kishining yig’lashi oson emas. Sitamlar, azoblar jonidan o’tib ketganki, ko’ziga yosh kelayapti. Shunday deymanu lekin hamma narsa uning o’ziga bog’lik emasmi? Qancha-qancha etuk, qobiliyatli insonlar chetda qolib, do’ppi keltir desa, bosh uzib keladiganlarni atrofiga yiqqan. Balki noilojlikdan shunday qilayotgandir?! Nima bo’lganda ham menga ko’nglini ochdi. Agar samimiy bo’lmasa, arizamga qo’l qo’yib, to’rt tomoningiz qibla, boravering demasmidi?! Yoki men shoshqaloqlik qildim-mi? Avval hamma gapni o’rganib, keyin qaror berish kerakmidi?

Karimov o’rnidan turib, ichkaridagi xonaga kirdi va yuzini yuvib, qaytib keldi:

-Uka, arizangizni olib qo’yaman. Siz ishingizni davom ettiravering. Yaxshi-yaxshi yigitlarni tanlang, menga tavsiya qiling. Birgalashib, bu kasalliklarni engamiz. Ko’rib turibman, charchab kelgansiz, borib dam oling, -dedi.

44. BUZUQI

Mirtemir indamay chiqib ketdi. Uyiga kelgach, birdan xastalanib qoldi. Doktor chaqirishganida, “Yuragingizni davolashingiz kerak”, deya kasalxonaga olib ketishdi. U navbatdagi sessiyaga kelolmadi. Kasalxonadan chiqib, ish boshlagan kuni oniydan Karimov uning xonasiga kirib keldi:

-Sizga o’xshagan yigitlar kasal bo’lib qolsa, barakallo bizning holimizga,-dedi. -Yuring, bir joyga borib kelamiz.

Karimovning mashinasi qo’nalg’a tomonga yurdi. U uchoqqa mingunga qadar hech narsa demadi. Uchoq ko’kka ko’tarilgandan keyin Mirtemirni yoniga chaqirdi:

-Shahringizga… shahrimizga boramiz. Ana u Po’latni ishdan bo’shatib kelamiz. Men uni yaxshi odam deb o’ylagandim, lekin ablah ekan. Hamma yoqni sotib edi, planlarni barbod qildi. Bu shahar va bu viloyat bizning iftixorimiz. Uni kelinchakdek yasatib qo’yishimiz kerak. Po’lat benzin stantsiyalari kalitini otasiga, mashina sotadigan joylarni ukasiga berib qo’yibdi. Men uni odam qilmoqchi bo’ldim, ammo yo’lga yurmadi. Mana bu hujjatlarni qarang, agar viloyat sessiyasida gap-so’z ko’payadigan bo’lsa, menga yordam berasiz. Har qanday qilib bo’lsa ham, u poraxo’r, o’g’ridan qutulishimiz kerak.

Mirtemir hujjatlarga nazar solar ekan Po’lat Majidovich ham qulog’iga qadar balchiqqa botgan ekan, deb o’yladi. Ilgari poytaxtda ishlaganida atrofiga hamtovoqlar to’plabdi. Keyin bu viloyatga yuborilganida, ana shu hamtovoqlarini ham birga olib kelibdi.

Mirtemir Po’lat Majidovichni birinchi kotiblikka olib kelishgan kunni esladi. O’shanda Karimov uni “halol, pok, vijdonli, o’zini emas xalqini o’ylaydigan odam” deb maqtagandi. Oradan bir yarim yil vaqt o’tdi. Endi u hakda teskari fikrlarni aytmokda.

Mirtemirning xayol surib qolganini ko’rgan Karimov unga so’z qotdi:

-Po’latni bu ishga qo’yguncha ona sutim og’zimdan kelgandi. Ammo ishonchni oqlamadi. Har kuni saunaga borib, maishat qilgandan keyin ishlashga vaqt qoladimi? -u shunday deb cho’ntagidagi suratlarni olib Mirtemirga uzatdi.

Mirtemir hayratlanib qoldi. Po’lat Majidovichning sauna ichidagi har bir harakati suratga olingandi. Chalqancha yotibdi, uni qizlar massaj qilishayapti, o’zini hovuzga tashlayapti, choy ichayapti, saunaning issiq xonasida bir musht bo’lib o’tiribdi… bunisini qanday suratga olishdi ekan? Ha, bularga qolsa ignaning teshigidek joydan ham suratga olishadi. Suratlarning boshqalarida Po’lat qip-yalang’och, atrofida esa fohishasimon qizlar…

-Ha, -dedi Karimov. -Sulton kimu qul kimligini ana shundan bilsa bo’ladi. Boldirlari quyosh ko’rmagan qizlarni qo’yniga olib, emib o’tiribdi, bu bachchag’ar. Hayotning gashtini biladi enag’ar.

Mirtemir Po’lat Majidovichdan nafratlandi. Qancha-qancha insonlarning taqdirini shu axloqsizga ishonishgan. Nahotki, kirdikorlari ochilib qolishidan qo’rqmadi? Yoki o’zini hokimu mutloq deb hisobladimi? Ilgari ko’p mish-mishlar tarqalgandi, lekin bir rahbarning bu qadar tuban ketishini tasavvur qilolmagandi. Mana endi ko’rib turibdi. Bundan oilasi, farzandlari xabar topsa, nima qiladi? Nahotki, buni o’ylamadi? Bugun Karimov mana bu suratlarni viloyat deputatlariga ko’rsatsa, Po’lat qanday qilib bosh ko’taradi? Umuman, mansab degani shu qadar jodugarmiki, unga sohib bo’lgan inson o’zini, vijdonini, iymonini, axloqini bag’ishlaydi? Mansab nima sababdan insonni bunchalik tez buzadi? Ayb mansabdami? Yo’q, ayb insonning o’zida! U mansabga kelmasidan oldin ham yo’ldan chiqqan bo’lsa, keyin o’zini to’xtata olmaydi.

Demak, aybning teng yarmi shunday odamlarni mansabga tashiganlardadir. Ularning kimligini bilmasdan, o’rganmasdan mansab hadya etsa, urgani shu bo’ladi. Balki, Po’lat o’zini xon kabi his etishida boshqa sabablar ham bordir? Nima bo’lganda ham bunday xulqi buzuq, ishi bad, poraxo’r odamni Karimov kech bo’lsa-da tanibdi. Undaylarni almashtirib tashlash kerak degan fikrga kelgani yaxshi, xalq ham xursand bo’ladi.

Qirq besh daqiqa “pir” etib uchib ketdi. Ularni viloyat partiya qo’mitasining birinchi kotibi Po’lat Majidovich va ijroqo’m raisi Toshbo’ri Qilichev, Jo’rabekov va Mavlonlar kutib olishdi.

Mirtemir Po’lat Majidovichga razm soldi. Tuppa-tuzuk odamga o’xshaydi. Nevarasi tengi qizlar bilan kayfu safo qilishini xayolga ham keltirish qiyin. O’zini jiddiy, g’ururli tutmokda.

-Qilichevning xonasiga chiqamiz, -dedi Karimov markazga etib kelishganda.

Karimovning viloyat partiya qo’mitasi binosiga emas, ijroqo’m binosiga qarab yurishi Po’lat Majidovichni hayratlantirmadi. Mirtemir esa Karimovning sovuqqonligiga hayron edi. U hech narsa bo’lmagandek, yurib borardi. O’n ikkinchi qavatga ko’tarilgach:

-Nega tortishib yuribsizlar? -dedi Qilichevga.

-Yo’… Birgalikda ishlayapmiz, -deb javob qildi Qilichev.

Karimov uning xonasiga qadar indamay yurib bordi. Ichkariga kirgandan keyin:

-Shu bilan birga ishlab bo’ladimi? -dedi, ko’rsatgich barmog’i bilan tashqariga imo qilib.

-Nima qilaylik…O’zingiz maslahat berib, yo’l ko’rsatsangiz…-dedi Qilichev.

-Yo’l ham, maslahat ham shuki, endi bizning komandaga kirasiz, hokimlikni o’zingiz olasiz. Ha, uning millati nima o’zi?

Qilichev javob berishdan qochdi.

-Siz ham asli toza emassiz, menga uch-to’rt kishi shikoyat qilib borgandi. Sizni Mirsaidovni qo’llayapti, deyishgandi. Lekin ishonmadim. Bu degani ish bitdi degani emas. Yana tekshirib ko’ramiz, degani.

-Bilmadim… Yo’… -shivirladi Qilichev.

-Tuman birinchilari Po’latni talab qilib, menga maktub yozishgan. Sizni talab qilganlar ham bor. Uni ishdan olishimni kimdan eshitdi? Siz kimdan eshitdingiz?

Qilichev qo’rqib, rangi oqarib ketdi va:

-O’lay agar, xabarim yo’q, -dedi.

-O’lishning ham vaqti keladi. Kerak bo’lsa, joningizni o’zimiz olamiz. Hozir esa viloyatni va shaharni tozalash kerak. Lekin birdaniga emas, asta-sekin. Orqasida kuchi borlarning elkasini silab, keyin boplaysiz. Rahbar ham artist, ham tomoshabin bo’lishi kerak. O’zingiz o’ynab, o’zingiz tomosha qilasiz. Dushman bilan ham o’pishib, quchoqlashib yurish lozim. Shunday qilmasangiz, unga hukmron bo’lolmaysiz. Har bir tumanda to’rt-beshtadan o’z odamingiz bo’lsin. Hamma joyda o’zimizning “to’pchalar”imiz bo’lishi shart. O’shanda gap-so’z kamayadi.

-Qulluq, oqsoqol, -dedi Qilichev.

-Ha, nega o’tgan sessiyada so’zga chiqmadingiz? Qo’rkdingizmi? Jasorat yo’q sizlarda. Ana u eshak Po’lat ham tirjayib o’tirgandi. Ko’rdingizmi, bir o’zim hammasini tinchitdim. -Karimov shunday deb, ko’z ostidan Mirtemirga qaradi.

Mirtemirning avzoyi buzildi, lekin indamay o’tirdi. Karimov Qilichevni so’roq qilishda davom etdi:

-Bu erdagi deputatlar sizga quloq solishadimi o’zi?

Qilichev shosha-pisha:

-Quloq solishadi, -dedi.

-Bo’pti, seni tabriklayman, bola, -deya Karimov o’rnidan turdi va Qilichevning elkasiga bir urdi-da, uni quchoqladi. Keyin ular o’pishdilar.

Mirtemir bu manzaraga hayratlanib qarab turar ekan, Qilichev uning yoniga keldi:

-Rahmat, -deya Mirtemirga qo’l uzatdi.

-Tabriklayman, -dedi Mirtemir sovuq ohangda.

Mirtemir Karimovning Qilichevni sensiragani haqida o’ylay boshladi. Demak, uni o’z komandasiga oldi. O’z mulki, deb hisoblay boshladi. Balki o’zini ota, uni esa bola, deb o’ylayotgan bo’lsa kerak?! Nahotki, katta bir viloyatga rahbar bo’layotgan odam qullikni, tobelikni shu qadar oson qabul etsa? Ertaga uning o’zi boshqalarga xuddi ana shu sahnani takrorlaydi. Odamlar ham qiziq. Mansabga mingan kishining ham oldidan ham orqasidan chiroq yoqishadi. Ham yurgan, ham yurmagan yo’lini supurishadi. Ishdan ketgan kuni esa, yuziga ham qarashmaydi. Salomni nasiya qilib, o’tib ketishadi. Balki ana shu holatning ham rahbarlarning qul bo’lib qolishlarida ta’siri bordir?!

Karimov Mirtemirga yuzlandi:

-Siz nima deysiz? Bunga ishonsa bo’ladimi?

-Men ko’qqisdan bir narsa deyishim qiyin. Ammo bu odam haqqida yomon gap eshitganim yo’q.

-Bizga ana shu fikringiz etarli, -dedi Karimov va Jo’rabekovni chaqirdi. U bilan Mavlon ham kirdi.

-Sizlar kutib turinglar, -dedi u Qilichev va Mavlonga.

Qilichev xonadan engil odimlar bilan chiqar ekan, Mavlon esa cho’kib qolgan odamdek, fil odim tashlab, chiqib ketdi.

-Bo’ldi, Qilichevni qo’yamiz,-dedi Karimov Jo’rabekovga.

-Yaxshi-yu… -Jo’rabekov pitirlab qoldi.

-Nima gap? Nega ishtoniga o’tirib qo’ygan boladek, tortinasiz? Rayonlarga chiqdingizlarmi? -Karimov jahl bilan so’radi.

-Mana, hamma “birinchi”lar Po’lat Majidovichni istashayapti, -deb Jo’rabekov qo’lidagi, ayrim joylari qizil rang bilan bo’yalgan qog’ozni Karimovga ko’rsatdi.

-O’zi uyushtirgan, -dedi Karimov uning gapini kesib.

-Ahvol og’ir, Qilichev biroz millatchi. Iso Xolis bilan aloqasi bor. Viloyat partiya konferentsiyasida ham millatlararo tortishuvni chiqargan shu. Esingizda bo’lsa, biz aytgan nomzodlar o’tolmay qolgandi. Sizning topshirig’ingiz bilan bu ishni arang to’g’rilaganmiz, -deya Jo’rabekov hujumga o’tdi.

-Aniqmi?

-Aniq. Mana, bir necha kishi yozib ham berdi. Qilichev o’z mafiyasini tuzib olgan. U hokim bo’lsa, boshimiz g’avg’odan chiqmaydi. Talabalarni ishga solib, shaharni boshqa millatlardan tozalayman, degan gapini “komitet” ham yozib olgan, -deya Jo’rabekov qog’ozlarni Karimovning oldiga qo’ydi. Ammo Karimov bu qog’ozlarga e’tibor qilmadi.

-Deputatlar bilan gaplashdinglarmi, ular nima deyishdi? -so’radi Karimov.

-Ular ham umidimiz Karimovdan. Boshimizga Qilichev degan baloni olib kelmasinlar, eskisi bilan eplab turibmiz, deyishdi. Agar uni bo’shatsalar, Karimovdan xafa bo’lamiz, degan gapni ham aytishdi.

Karimovga bu gap yoqmadi:

-Xafa bo’lishsa… -U miriqib so’kib oldi.

-Shundayku-ya, lekin butun xalqning ko’zi bugun bizga qaragan. Agar ishimiz shu erda “proval” bo’lsa, “bular o’z yurtida so’zlarini o’tkazisholmadi” degan gap bo’ladi.

-Shunday ekan, nega deputatlarni tayyorlamadinglar? -dedi Karimov.

-Tayyorladik, hammasi sizni qo’llaydi. Poytaxtda oldingi sessiyada sizga qarshi bo’lgan harakatlardan ham g’azabda ular. Uch-to’rttasi gapiradi ham. Mahalliy televizorda ham ko’rsatamiz, -Jo’rabekov o’zini biroz “qo’yib” yubordi.

-Bu erda televizor bormi? -ajablanib so’radi Karimov.

-Ha, uch tilda ko’rsatuv beradi.

-Ko’rdingizmi, mana siz mendan xafa bo’lib yuribsiz, -deya Mirtemirga yuzlandi Karimov. -Men hatto qaerda televizor borligini bilmayman. Siz bo’lsangiz Muborakdagi televizorni yopib qo’yishlarini mendan ko’rgandingiz.

-U erdagi televidenie bilan bu erdagisining farqi yer bilan osmoncha.

-Osmon-posmoni yo’q, uka. U erda ham, bu erda ham odamni ko’rsatadi. Prezident kelib boshida qorovullik qilmaydi. Xalqingiz shu bo’lgandan keyin, Prezident nima qilsin? Mana ko’rayapsiz, bu erda ham tishimiz o’tmayapti.

Mirtemir kulimsirab qo’ydi.

Karimov Jo’rabekovga qarab:

-Bulmasa boshqani qo’yaylik, -dedi, yana masalaga qaytib.

-Oqsoqol, Po’lat sizga sodiq. Sizni o’z otasi o’rnida ko’radi. O’l desalar o’laman, tiril desalar tirilaman, deydi. Viloyatni yashnatish haqida xalqqa va’da beraversinlar, agar bajarmasam, yigit emasman, deyapti. Saylovda ham, bu erda ham sizning asosiy “podderjkangiz” Po’latdir. Uning sadoqati samimiy. Har taraflama tekshirib ko’rdik. Men o’rtada kafilman.

-Mana bu hujjatlar, suratlarchi? Ular nima bo’ladi?

-Oqsoqol, bunday ahmoqchilikni biz ham, boshqalar ham qilgan. Lekin siz bag’ri keng odamsiz. Kimni kechirgan bo’lsangiz, Sizga sodiq bo’lib qolmoqda. Buni ham bir marta kechiring. Bu hujjatlar seyfda turganini bilib, u yana ham yaxshiroq ishlaydi, jilovi qo’lingizda bo’ladi.

-Mavlon qani? -so’radi Karimov.

Umrzoqov yugurib kirdi. U bilan ham savol-javob yuqoridagidek bo’ldi.

-Po’lat Majidovich tinchlikni saqlayapti. Hozircha ishlab tursin. Buzg’unchilarni bir taraf qilib olganimizdan keyin… -Mavlon gapining qolganini yutib yubordi.

-Yaxshi, unda Qilichevni nima qilamiz?

-Uni ham hozir chetlashtirib bo’lmaydi. Tarafdorlari ko’p. Biror yil ishlasin, keyin siljitamiz, -dedi Jo’rabekov.

Mirtemir Karimovning ko’ziga yosh olgan holati bilan hozirgi ahvolini taqqoslay boshladi. Karimov bulardan qo’rqadi, deyish mumkin emas. Hammasi uning yonida qaltirab turibdi. Bularga ishonadi, deyish ham qiyin. Hammasini bir-biriga qayrab qo’ygan. Yoki bular uyushtirgan fitna qarshisida Karimov ip esholmay qolayaptimi? Yo’q, bularning har bir odimidan xabardor. Nega unda har soatda turlanadi? Balki fe’l-atvori shundaydir?! Haqiqatdan ham, biror gapga “lov” etib, yonib ketadi. Ko’p o’tmay “gup” etib so’nib qoladi. Yongan paytida qarshisidagi odam ham, uning taqdiri ham qo’shilib yonib ketadi. So’ngan paytida esa yonishi kerak bo’lgan olovni ham o’chiradi. Balki, bu fe’l qaysidir ma’noda yaxshidir? Ya’ni yolg’iz o’zigagina yaxshi, boshqalar uchun esa tahlikali. Ayniqsa, minglab-millionlab insonlarning qismatiga hukm qiladigan insonning fe’l-xo’yi ana shunday bo’lsa, hammaning joniga “voy”.

Bunday rahbar bilan ishlash ham oson, ham og’ir. Tobe bo’lishni, qullikni sevganlar rohat qilib ishlaydilar. Birozgina o’z fikriga ega bo’lganlar, darrov o’jarga chiqadi yoki yo’qotiladi. Menimcha bu odam o’ta tahlikali. Meni ham aldab yuribdi. Bir kun kelib, kunini ko’rsatib qo’yaman, deb o’ylayotgani, zaharxanda ko’zlaridan sezilib turibdi. Bunday odamlar har qanday o’yinni, har qanday rolni mukammal qilib ijro etadilar. Ular uchun qabihlik va adolat, insof va diyonat, harom va halol, nur va soya, yaxshi va yomonning chegaralari yo’q. Bir zumda bu sarhaddan u sarhadga o’tib ketaveradilar. To’xta, to’xta, og’ayni faylasuf bo’lib ketding. Voqealar nima bilan tugashini kutmasdan, xulosani chiqarib bo’lding. Yana biroz tomosha qil, ana undan keyin mushohada yurit!

Bu paytda Karimov Jo’rabekov bilan suhbatlashayotgan edi.

-Demak, bu bola ham ablah ekanda-a?

O’sha sessiyadan oldin parlamentning sobiq raisi Ibrohimovni ziyorat qilibdi. Chol qulog’iga bir narsalar shipshitgan bo’lsa kerakki, u erdan chiqib, Mirsaidovning yoniga borgan.

Birov ishdan bo’shagandan keyin ham bulardan qutulolmaydi, deb o’yladi Mirtemir. Karimov ham haliga qadar Ibrohimovga kin saqlab yuribdi. Balki, kin saqlashining sababi, atrofidagilar uning nomini tez-tez eslatib turishlaridadir? Balki, Karimovning kin saqlaganini bilganlari uchun, uning nomini tez-tez takrorlashayotgandir. Xullas, bularni tushunish qiyin.

45.ANANAS

Mirtemir kasalxonada yotganida, Mirzaolim Ibrohimov ham xasta ekanligini aytishdi. Keksa odam, turgan bitgani hangoma, askiya edi. Hayotni jiddiyga olmasdi. Masxara bilan kun o’tkazardi. Nima bo’lganda ham, bir ziyorat qilib qo’yay, deb Mirtemir uning palatasiga keldi.

-E, xush kelding, bolam, -dedi Mirzaolim Ibrohimov o’rnidan turib.

-Palatagami yoki kasalxonagami? -askiya qilmoqchi bo’ldi Mirtemir.

-Kasalxonaga ham xush kelding, deyaverishim mumkin, chunki bu yer ana u yokdan tinchroq, -Mirzaolim Ibrohimov “Ana u yoq” der ekan, nimani nazarda tutganini Mirtemir angladi. -Aybga buyurma, bolam, kelganingni eshitganimga bir hafta bo’ladi, lekin yuqoriga chiqolmayman. Zerikib ham qolgandirsan?

-Ha, javob berishmayapti. Alamni qalamdan olayapman. Oliy kengashdagi hangomalarni yozayapman, -dedi Mirtemir.

Mirzaolim Ibrohimov avval tirjaydi, keyin yuzi jiddiylashdi, kipriklari pir-pir o’ynay boshladi.

-Ha-ha, rosa hangoma kunlarni yashadik… Lekin men ham zerikib qoldim, koshki yozganlaringni bersang-da, bir miriqib o’qisam.

Mirtemir istamasada, Mirzaolim Ibrohimov asalariga o’xshab yopishib oldi. Ilojsiz qolgandan keyin, yozganlarini oqshom chog’i keltirib berdi. Ertalab xabar olishga tushganida, Ibrohimov xonasida yo’q edi. Mirtemir atrofga alanglab, qo’lyozmasini qidirdi. G’aladonning ustida turgan qo’lyozmaning o’n oltinchi sahifasiga qadar o’qilgani, varaqlarning teskari qilib qo’yilganidan ma’lum edi.

Mirtemir doktorlardan so’ragandi, ular Ibrohimovning qon bosimi oshib, reanimatsiyaga olinganini aytishdi. Mirtemirning xayoli qochdi. Reanimatsiya bo’limiga keldi. Doktorlar ichkariga kiritmadilar. Qaytib chiqayotgandi, hamshira uni chaqirdi.

-Sizni Mirzabek aka so’rayaptilar.

Xayoli parishon bo’lgan Mirtemir, oyoq uchida yurib, ichkariga kirdi. Mirzaolim Ibrohimov yotgan yotoqning tepasida yurak urishlarini ko’rsatib turgan jihozlar ishlab turardi.

-Bu erga kel, bolam, -deya, pichirladi Ibrohimov va qo’li bilan “Yonimga o’tir” ishorasini qildi. Mirtemir nima deyishini ham bilmas edi. Ibrohimov yostig’i ostidan gazetaga o’ralgan bir kitobni oldi.

-Qo’lingni shu kitobning ustiga qo’y, -dedi.

Mirtemir hayron bo’lib qo’lini kitobning ustiga qo’ydi.

-Endi qasam ich, men tirik ekanman bu yozganlaringni biror erda chop etmaysan.

Mirtemir yurak urishlarini qayd etib turgan jihozlarga qaradi. “Tiq”, “tiq” etgan tovushlar tig’ kabi fikrlariga sanchildi.

-Chop etmayman, -dedi.

-Xudoga shukur,-derkan, Ibrohimov hamshiraga yuzlandi. -Xonim, ananasni kes, bir tilim menga, bir tilim Mirtemirga ber.

Mirtemir hamshira deb o’ylagani, Ibrohimovning umr yo’ldoshi ekanligini angladi. Uning ham yuzi yorishgandi. Mirzaolim Ibrohimov o’rnidan turib o’tirib, ananasni miriqib edi…

Uch kundan keyin Mirzaolim Ibrohimov kasalxonadan chikdi. U shaxdam odimlar bilan yurib, chiqib ketarkan, orqaga qayrilib, Mirtemirga qo’l siltadi va kulib qo’ydi. Ibrohimovning bu qarashi unga “Qalay, bolam, yana bir hangomaga guvoh bo’ldingmi? Seni yana bir marta bopladimmi?” degandek tuyuldi .

Balki, Ibrohimovning masxarabozligi Karimovning jon-jonidan o’tgandirki, uning nomini eshitganda, o’zini tutolmay qolar? Lekin Mirzaolim Ibrohimov u qadar yomon odamga o’xshamaydi. Yosh, o’yinqaroq bolani eslatadi. Uning hangomalari kishining qalbiga og’ir botmaydi. Balki, har bir o’yinni samimiy o’ynaganidan bo’lsa kerak. Sahnada masxaraboz yoki askiyachi sizga qancha og’ir hazil qilsa ham, engil tortganingizdek, Ibrohimovga ham kin saqlolmaysiz, deb o’yladi Mirtemir. Ammo Karimov nega bu qadar uni sevmaydi? Umuman,u birovni sevarmikan? Menimcha, u odamlarni o’zi uchun yaratilgan unsurlar deb biladi. Shu bois ham unga birovning birovdan farqi yo’q. Istasa ishdan quvadi, istasa har qancha badkirkorga ham, katta lavozimlarni bag’ishlayveradi.

46.TEPKI

Mana endi Karimov Po’lat Majidovich qolib, Qilichev ning ig’vosini qilmoqda.

-Qilichevni sessiyada sharmanda qilib, quvsakmikan? Yo’q, uni oldin bir tepkilashim kerak, -dedi Karimov.

Karimovning “tepkilashim” degan so’zi Mirtemirga kasalxonadagi yana bir voqeani eslatdi. U tush payti uxlab yotgandi.

-Mirtemir, Mirtemir,-degan tovushdan uyg’ondi. Bosh uchida televidenieda ishlaydigan do’sti Otajon o’tirardi. Uni ham Karimov yaqinda devonga ishga olgandi. U shu qadar hovliqqan qiyofada edi-ki, hol-ahvol so’rashni ham unutib:

-Karimov meni tepkiladi, -dedi.

Mirtemir kuldi.

-Ishonmayapsiz-a, rostdan ham orqamga tepdi. Jigartepada tuproq ko’chib, bitta qishloq yo’q bo’lganini eshitgan bo’lsangiz kerak. Qancha-qancha insonlar nobud bo’lishdi. Men ham muxbirlarni olib, o’sha erga bordim. Mutaxassislar “Endi kelishingizning foydasi nima? Bu erda shtab tuzib olib, insonlarga uy qurib beramiz deganingiz bilan o’lganlarni tiriltira olmaysiz. Biz tuproq ko’chishini olti oy oldin devonga ma’lum qilganmiz”, deya sitam etishdi. Men shu maktubning iziga tushdim, Alimovga qadar etib kelganini aniqladim. Keyin Karimovning huzuriga kirdim. Asl jinoyatchi shu erda ekan, degandim, “Sen hali meni jinoyatchi, deysanmi?”deya xonasidan tepib-tepib chiqardi. Sizdan maslahat so’rashga keldim. Nima qilay?

-Nima qilardingiz, -deya jilmaydi Mirtemir. -Karimov har kimni ham tepmaydi. Iftixor qilsangiz, arziydi.

-Rostdanmi?

-Yolg’oni bormi? -dedi Mirtemir kinoyaomuz.

Otajon yana hovliqqanicha chiqib ketdi. Mirtemir keyin eshitsa, u hamma joyda bu voqeani maqtanib, aytib yurgan ekan. Demak, o’sha Otajon, hech o’zgarmabdi. Karimovning tepkisi ham o’zgartirmadimi, demak, hech bir narsa o’zgartirolmaydi, deb o’yladi Mirtemir. Mana endi Karimov Qo’chqorovni tepkilashni orzu qilayapti. Balki, besh daqiqadan keyin orzu sarhadi kengayib, yana biror kishini tepkilashni istar. Eh, bu dunyoda g’urursiz odamlar ozmi?!

-Po’lat ham Shukrulloning yoniga borgan ekan-ku?

-U mening yonimga borgandi. Shukrullodan gap olish uchun, Po’latni uning huzuriga yuborgandim. Bu voqeani oldin ham sizga…

Karimov Jo’rabekovning gapini kesib:

-Xo’p, nima qilamiz? -deb soatiga qaradi.

-Qilichev hozircha qishloq xo’jaligi bilan shug’ullanib tursin. Oddiy o’rinbosar bo’lsin. Birinchi o’rinbosarlikka sizga sodiq bir odamni qo’yaylik, chunki mirshablik, prokuratura,”Komitet” uning qo’lida bo’ladi.

-Kimni qo’yamiz? -qat’iy ohangda so’radi Karimov.

Jo’rabekov Karimovga xolis ko’rinish uchun, bunday hollarda uning nazariga tushgan kishilarning ismini aytardi. Ikki kun oldin Karimov Jo’rabekov bilan Mavlonni bu erga yuborar ekan, ularga aytmasdan devonda ishlayotgan Alisher Mardievni ham “yashirin topshiriq” bilan yuborgandi. Buni Jo’rabekov bilgani uchun:

-Alisher yaxshi yigit…, -dedi

-Alishermi? U devonda kerak, -dedi Karimov xomush ohangda.

-Hozircha ishlab tursin, keyin qaytarib olamiz, -dedi Jo’rabekov.

-Qani o’zi?

-Tashqarida.

-Sizlar chiqib turinglar, u kirsin.

Alisher kirib, eshik yonida turdi.

-Yakinroq kel. Xo’p, Po’latni qo’yamizmi, Qilichevnimi?-deb so’radi Karimov.

– Qilichev sizga sodiq.

-Unisi-chi?

-U “Men Karimovdan ham, hech kimdan ham qo’rqmayman” degan ekan. Komitetning yozuvi bor.

-Nega shu paytgacha aytmading?

Alisher qo’rqib javob berdi:

-Qo’lingizdagi hujjatlarning orasida matni bor edi.

-Bu erda millatlararo masala qanday?

-Tinch, faqat Po’lat Majidovich kavlashtirib yuribdi, -dedi Alisher past ovoz bilan.

-Gap bunday, shu erda qolasan. Po’latni o’zing yo’qotasan. Keyin shu joy seniki, bildingmi?

-Bildim, oqsoqol! -der ekan, Alisher o’zini yo’qotib qo’ygandek bo’ldi.

-Bor, Po’lat kirsin.

Po’lat Majidovich ko’pkarida terga botgan otdek, holsiz holda ichkariga kirdi.

-Xo’sh, nima qilamiz? -dedi Karimov.

-Uvla desangiz uvlayman, akilla desangiz akillayman, o’l desangiz o’laman!

Voh, bezbet, deb o’yladi Mirtemir. Mansab uchun it bo’lishga ham, o’lishga ham tayyor. Nahotki, inson zoti shu qadar tuban bo’lsa?! Yoki yillar, voqealar uni tubanlashtirib yuboradimi? Bir burda non, bir qoshiq suv hamma joyda topiladi. Halol nonini eb, tiniq suvini ichib yursa bu kunidan ming marta yaxshi emasmi? Balki, bu insonlar uchun mansabdan ayrilish g’ururdan ayrilishdir? Ha, mansab bular uchun g’urur, hayot. Agar hozir Karimov butun xonumoningni o’rtaga qo’yasan, desa indamay rozi bo’ladi. Bular uchun sharaf, nomus degan tushunchalarning hammasi mansab bilan mujassamlashgan. Orqavarotdan qo’rqmayman, deb aytadi-yu, qarshisiga kelganda, itdek tili osilib, oyog’iga suykanadi. Bir bo’lak suyak uchun g’ingshigani-g’ingshigan.

Karimov Po’lat Majidovich bilan rus tilida gaplasha boshladi.

-O’l desam o’lolmaysan, nega men gapirganda jahling chiqadi?

-Oqsoqol, “Onangni…” degan so’kishni oldin eshitmagan ekanman, shunga biroz… O’shanda ahmoqlik qilib, telefonni qo’yib qo’ydim. Endi unday bo’lmaydi.

Mirtemir Karimovning bu erga kelishining sirini endi tushundi. Demak, Karimov Po’lat Majidovichni buralab so’kkan, u esa telefon dastasini qo’yib qo’ygan. Shundan keyin, Karimovning fig’oni sayyor bo’lib, bu erga tekshiruvchilarni yuborgan.

-Men onangni dedimmi, demak onangni (…)aman.

Po’lat Majidovich qizarib bo’zargancha, boshini egdi. Mirtemir o’rnidan turib, xonadan chiqib ketayotgandi:

-Qayoqqa, -dedi Karimov.

-…

Karimov kulib yubordi:

-Bo’pti, qayting, so’kishmaymiz. Men so’kmayin desam ham, mana bular majbur qilishadi. Bu eshaklar odamga o’xshab yursalar, men ham ularga odamga o’xshab munosabatda bo’laman.

-Bundan keyin… -Po’lat nimadir demoqchi bo’ldi, lekin Karimov uni gapirtirmadi.

-Mana bu doselarni qara, -dedi Karimov. -Istagan vaqtda seni qamoqqa tiqaman. Chirib ketguningcha, tomosha qilib o’tiraman. Kimdan, qancha pora olgansan, kimga, nima sotgansan, hammasi bor. Toza emassan. Avval tozalanib, keyin gapir, xo’pmi? Agar yana bir marta telefon dastasini qo’yib qo’yadigan bo’lsang, o’sha kun onangni (…)aman bildingmi?

-Yaxshi…

-Agar gapimni ikki qilsang, o’sha kun (…)aman bildingmi?

-Bildim!

Ruscha gapirarkan, Karimov shu qadar biyron edi-ki, uning so’zlariga hatto Po’lat monand javob topolmasdi.

-Men bilan o’ynashib bo’lmaydi, bilib qo’y, -deya so’zda davom etdi Karimov. -Agar sodiq bo’lsang, hurmat topasan. Hammasi yaxshi bo’ladi, nima desang, qilib beraman. Xiyonat qilsang … kuchimni ko’rding. Kelishdikmi?

-Kelishdik, -der ekan, Po’lat xursand bo’lib ketdi.

-Sen uchun Jo’rabekov oraga tushdi. U ham qil ustida, unutma. Sen yonadigan bo’lsang, u ham senga qo’shilib, jizg’anak bo’ladi.

-Rahmat, oqsoqol, rahmat!

-Ketdik. Hozir sessiyada sodiqligingni ko’ramiz, -dedi Karimov Po’latga.

-Qilichev nima bo’ladi? -deb so’radi Po’lat Majidovich.

-U ham, Alisher ham birinchi o’rinbosar bo’lsin.

-Nizomda faqat bir o’rinbosar ko’rsatilgan.

-Nizomni o’zgartirib beraman. Bu viloyatning ahamiyati katta. Bu erda ikkita birinchi o’rinbosar bo’lsa, osmon uzilmaydi.

Ular qo’l berishib, quchoqlashib, o’pishib oldilar. Mirtemirning Po’lat bilan ko’rishgisi kelmagani uchun, hech narsani eshitmagan va ko’rmagandek, derazadan tashqariga qarab turardi.

Sessiyaga kirish arafasida Jo’rabekov Po’latning qo’lini qisdi.

-Ertaga boraman, -deya shivirladi Po’lat.

-Shoshma, vaqtini o’zim aytaman. Avval Karimov bilan gaplashib olay, keyin seni xabardor qilaman.

Sessiyada Karimov uzoq gapirdi. Toshkentliklar unga hujum qilishganini alohida urg’u bilan ta’kidladi:

-Mana Mirtemir kabi ukalarimiz, hamma narsa yaxshi bo’lsin, deb o’ylashadi. Ammo ularning tanqididan boshqalar foydalanib qolmoqchi bo’ldi. Shu sababdan men Mirtemirni kechirdim. Lekin o’z yurtimdan chiqqan yigitlar menga qarshi chiqishgani, qalbimni og’ritdi,-dedi. So’ng Po’lat Majidovichni hokimlikka, Qilichev va Alisherni birinchi o’rinbosarlikka tayinlagani haqida farmon chiqarganini aytdi.

-Qani qarsak?! -dedi Karimov

Zalda gulduros qarsak yangradi. Po’lat so’zga chiqib, Karimovning buyuk iste’dodi va tengsiz xizmatlarini ta’kidladi. Sessiya tugab, xayr-ma’zur qilindi. Poytaxtga kelgunga qadar, Karimov Mirtemirga hech narsa demadi.

Mirtemir, bu odam bilan ishlab bo’lmaydi, deya o’yladi. Devondan ketishim kerak. Lekin qaerga?!

Uchoq bulutlarning bag’rini tilib, erga yaqinlasharkan, har qanday yuksalishning bir tushishi bor, deb o’yladi Mirtemir. Karimov ham bugun yuksalishda, ammo bir kun qanotlari qayrilib, erga tushishi aniq. Lekin uning erga tushishi ham oson bo’lmaydi. Ortidan qancha-qancha falokat va vayronalar qoladi…

(IKKINCHI KITOB TUGADI)

 

Жаҳонгир Маматов: “ҚУВҒИН” (2)

“ҚУВҒИН”-Тарихий роман

ИККИНЧИ КИТОБ

24.”ТАНГРИЧАЛАР”

Каримов шўролар императорлигининг йиқилишига асло ишонмасди. У императорликни баланд  деворлар билан ўраб олинган қалъага ўхшатарди. Бу қалъанинг девори шу қадар баланд эдики, уни инсон зоти у ёқда турсин, ҳатто бирор бир махлуқнинг ошиб ўтиши амри маҳол деб ўйларди. На ичкарига кириш ва на ташқарига чиқиш мумкин. Қалъа ичида юз бераётган воқеаларни кузатиб туриш учун девор устига минг-минг қўриқчи чиқарилган. Каримов ўзича бу қўриқчиларни “тангричалар”, қалъа ичидагиларни эса “чумолилар”деб атарди. “Тангричалар” кунни кун, тунни тун демасдан “чумолилар”ни кузатиб туришар, ўз чизиғидан чиққанларни эзғилаб ташлашарди.

Аввалига Каримовнинг орзуси “тангричалар”сафидан ўрин олиш эди. Бу орзусига етгач, кўрдики “тангричалар” тепасида “тангрилари”бор экан.

Қалъа деворининг устига чиққач, императорликнинг мустаҳкамлигига яна бир бор ишонди. Каримов “Бу қалъа йиқилиши мумкин”, деган фикрни хаёлидан ўтказишга қўрқарди. Фақат бир марта “Бу чумолилар қалъа деворларининг остини ўйиб ташлаган бўлсалар-чи?”деган савол кўнглидан кечганда, тиззалари титраб, кўнгли беҳузур бўлганди. Бу қалъа йиқилса “тангрича”ликдан айрилиш қўрқуси эмас, балки кўнглидан ўтганини ўзидан юксакдаги “тангри”лари пайқаб қолишидан титраш эди.У жумҳуриятга “биринчи” этиб тайинлангач, КПСС Марказий Комитетининг Сиёсий Бюросига аъзо бўлди.  Ўшанда илк бор севинч деган туйғунинг лаззат сарҳадлари бепоёнлигини,  ғурур деган кучнинг салоҳияти ҳудудсиз эканлигини юракдан ҳис қилганди.

Ҳатто Тошкентга қайтаркан, учоқдан тушиши билан мухбирларни ёнига чақириб “Халқимга етказинг, мен Политбюрога аъзо бўлдим. Бу халқимизнинг узоқ йиллик орзуси эди. Уни амалга ошириш менинг гарданимга тушди. Бу нафақат мен учун, балки бутун халқимиз учун юксак ишонч. Бугун ҳаммамиз учун катта байрамдир!”деганди.

Лекин Каримов истаса-истамаса қалъа йиқилаётганди. У жон-жаҳди билан елкасини қалъа деворларига тираб, уни тутиб қолишга уринаётган кишилардан бирига айланди. Қалъани сақлаб қолиш учун ҳар турли йўл қидираётган кунларида жумҳуриятда ҳам қалъа деворининг остини “ўяётганлар” кўпайиб қолди. Каримов бу ишнинг бошида турганлар билан “одамга ўхшаб” гаплашиб қўймоқчи бўлди. Аввал Исо Холисни чақирди.

-Ука, сиз машҳур одамсиз, -деди унга. -Сизнинг ҳар бир қадамингизни кузатиб, кўриб турибман. Айниқса пахта монополияси, оилани режалаштириш, Оролни қутқариш борасидаги нутқларингиз мени ҳаяжонлантирди. Ҳар ким ҳам ўз халқи дардини бу қадар жасорат билан ўртага олиб чиқолмайди. Бугун бу ишни сиз бошладингиз.

-Бугун эмас, буни бир неча йил олдин бошлаганмиз. Бундан олти йил бурун Политюрога шикоят мактуби йўллаб, халқимизнинг дардини ифода этганмиз.

-Лекин бу дард шикоят билан малҳам топмайди. Унинг малҳами ақл, идрок, куч ва интизом, -деди Каримов Исо Холисга узоқ гапириш учун изн бермай. Сиз намойишларни тўхтатинг, мен эса эртага иш бошлайдиган сессияда тил масаласини кўтариб чиқай. Биласиз, ман янгиман, парламентда эса куч эскича фикрловчи кишиларнинг қўлида. Бунинг устига рус тилида гапирувчиларни ҳам ҳурмат килишимиз керак. Сўз бераман, ўз тилимизни давлат тили деб эълон қилиш учун бутун кучимни ишга соламан. Сиз эса бунга жавобан намойишларни тўхтатасиз…

Исо Холис мамнун қиёфада чиқиб кетаркан, Каримов Шавкат Темурни чақирди.

-Сизни анча чўрткесар одам дейишарди. Лекин кўринишдан юмшоқ кишига ўхшаяпсиз, -деди Каримов Шавкат Темурга. -Бугун намойишларда ўртага отилаётган шиорлар билан мен бажармоқчи бўлган орзуларнинг ҳеч қандай фарқи йўқ.

-Ундай бўлса нима сабабдан намойишга чиққанларни калтаклаяпсиз,  қамоққа ташлаяпсиз, таъқиб этаяпсиз?

-Сиз мени сўроқ қилишга келдингизми? -Каримовнинг жаҳли чиқди. Ўрнидан туриб хонада у ёқдан бу ёққа икки уч марта бориб келди-да ойна ёнида тўхтаб ташқарига термулди. Шаҳар марказидан оқиб ўтадиган ариқнинг соҳилларидаги мажнунтол дарахтлари остида одамлар ўтиришганини кўриб қолди. “Буларнинг иши йўқми?” деб ўйлади. Куппа кундуз куни бу ерда нима қилишади? Балки талабалардир? Талаба бўлса, дарсига борсин! Балки ошиқ-маъшуқлардир? Нима, бу ер уларга севги хиёбоними? Аслида бу бинонинг атрофини ўраб олишим, соҳил бўйларини тартибга келтиришим керак. Бинони темир панжара билан ўраб олишни тезлаштирмасам, мана булар бостириб келишдан ҳам қайтишмайди. Қайси кун аскарликда ўлган боланинг тобутини шу ердан олиб ўтишди. Мана бу ҳам уларнинг орасида эди. Янги дўппи кийиб тобутнинг олдида бораётганди. Ўзларича намойиш, исён қилишга уринишди. Лекин бир имо қилгандим миршаблар кавушларини тўғрилаб қўйди. Айб бизда эмас, айб юқорида. Юқоридагилар жиловни бўшатиб юборишди. Бутун мамлакатни ана шундайларнинг қўлига бериб қўйиб мажлисхонага айлантиришди. Мана энди мендай одам ҳам унинг бемаъни саволлари қаршисида қолишга мажбурман. Ҳозирнинг ўзидаёқ уни бу ердан қувиб чиқаришим мумкин. Ҳатто қамаб қўйишим ҳам ҳеч гап эмас. Ёки қўл оёғини боғлатиб, сойга отиб юборсам ҳам гулдур гуп! Гум бўлиб кетади. Лекин юқори уларни қўллаяпти. Баъзилар буларни юқорининг ўзи ташкиллаштирган демоқдалар. Шунинг учунмикан юқоридан уларга тегманглар, дейишяпти. Хўш, нима қилиш керак? Уларнинг мажлисини томоша қилиш билан кун ўтказаманми?

Дарвоқе, нега буларни айри-айри чақирдим, нега ҳар иккаласи билан бирданига суҳбат қилмадим?  Йўқ, у ҳолда бир-бирининг олдида ўзларини кўрсатиб қўйиш учун менинг ёқамга ёпишишарди. Ҳа-я, душманингни парчала, кейин йўқ қил, деган гапни ким айтган экан? Булар билан тенг келиб ўтираманми? Ўзларини ўзларига едираман! Мен четда қолиб томоша қиламан, булар эса бир-бирларининг юзларини юлишади. Ҳа, бугун бир товоқдан ош еган биродарларни эртага қон қасос душманга айлантираман. Менинг совунимда кир ювиш қандайлигини кўриб қўйишсин. Бир умр душман бўлишади, ҳатто авлод-аждодларига қадар сингади бу душманлик. Аммо хато қилмаслигим керак. Наригисини алдаш осон, истаган жойидан қармоққа илинтириш мумкин. Лекин буни-чи? Буни ҳам ўйинга келтиришнинг йўлини топаман.

Каримов ўрнига келиб ўтирди-да, юмшаган оҳангда Шавкат Темурга гапира бошлади:
-Олдимизда сайлов бор. Сизларга битта ўрин ажратдик. Сизнинг номзодингиз учун.
Шавкат Темур худди эгасининг қўлида суяк кўрган итдек тамшаниб қолди. Каримов бундан фойдаланиб, асосий гапни айтди.

-Аммо Исо Холис қарши бўлди. Фақат сиздан илтимос бу суҳбатимизни ундан узоқ тутсангиз.
Шавкат Темур севинчли кўзларини ўйнатиб, бошини ликиллатди. Каримов ундан нафрат қилди. Жуда осон сотиладиган туридан экан. Бундайларга бир нарса бериб ҳам мазза қилмайсан. Уни қуруқ гап билан бозорга соламан. Ана унга қарши шундай ўйнатаманки, тарих бунақа томошани жуда узоқ эслайди. Бунинг икки қулоғини кесиб қўяман. Қутуриб қолади. “Фас” дедимми босади. Бутун умрини шунга сарфлатман. Бунинг учун уни аввал ватанпарвар, миллатчи қилиб кўрсатишим керак. Буни Мелкумовга топширсам ўзи боплайди.

 

25. ПАРЧАЛАШ

Каримов КГБ раиси Мелкумов ва иккинчи котиб Анишчевни чақирди. Уларнинг ҳар иккаласи ҳам юқорининг одами. Бу иш билан уларни синаб кўрмоқчи бўлди. Агар бажара олмасалар, бир баҳонасини топиб, қуйруқларига супурги боғлашга, бажарсалар бундан кейин бирга ишлашга қарор қилади. Нима бўлганда ҳам Сиёсий кенгашнинг аъзоси бўлди. Энди буларнинг гапи эмас, ўзининг гапи ўтади.

-Сизларга мамлакат бошлиғи Михаил Сергеевичнинг талабини етказиб қўймоқчиман. У киши биздан демократия, ошкораликни истаяптилар, эркин ва озод сайловлар ўтказишимизни, мухолифатни қўллаб-қувватлашимизни сўраяптилар. Демак, биз кўча-кўйда тўполон қилган одамларни мухолифат, дея ҳурмат қилишимиз керак эмас. Бизнинг вазифамиз мухолифатни ҳам ўзимиз етиштириш, конструктив мухолифат тайёрлашдир. Кўча-кўйда жанжал қилаётганлар эса атрофларига дор остидан қочганларни тўплаб, тобора катта кучга айланмоқдалар. Бу эса мамлакат хавфсизлигига путур етказади. Паркентда, Бўкада, водийда юз берган воқеаларнинг тутуни ҳали сўнган эмас. Хўш, гапни қисқа қилайлик, қандай таклифлар бор?!

Мелкумов,”Сиз мендан юқоридасиз, олдин сиз гапиринг, дегандек кўз қири билан иккинчи котибга қаради. Иккинчи котиб “Ҳали ҳам мен турганда сен гапирармидинг” дегандек сўзларини дона-дона қилиб ўзидан сўнг хавфсизлик қўмитаси раисига бирор гап айтиш учун бўшлиқ қолдирмасликка уринди:

-Ҳурматли Ислом Абдуғаниевич, бизга муҳлат беринг, бу хусусдаги таклифларимизни тайёрлаб келайлик.

Каримов ўйлаб турди-да:

-Мен Пленумга ҳозиргарлик ҳақида гапираётганим йўқ. Қаршимиздаги тўдани нима қиламиз, деяпман?

Иккинчи котибни бу мушкул аҳволдан қутқариш учун КГБ раиси суҳбатга аралашди:

-Парчалаб ташлаймиз…

Парчалаб ташлаймиз! Буни қайси маънода айтди, экан, деб ўйлади Каримов. Куч билан бостириб, тор-мор қилишни назарда тутдими ёки менинг фикрларимни уқиб олдими? Агар мен ўйлаганларимни ўйлаётган бўлса, у ҳолда масалани бошқа кунга қолдиришим керак. Чунки ташаббус ундан эмас, мендан чиқиши лозим. Акс тақдирда Каримов менинг йўлимга юряпти, деб ҳовлиқиб кетади.

-Фикрингизни очиқрок айтинг, -деди Каримов КГБ раисига.

-Ҳаммасининг рўйхати қўлимизда бор. Бундан кейин бир ерга тўпланишларига изн бермаймиз. Таъқибни кучайтирамиз. Ҳар бир қадамлари назорат остида бўлади. Бу ишни бажариш учун яна беш минг кишини ишга олишимиз керак. Таклифларимизни ҳурматли иккинчи котиб билан Сиздан олдинги раҳбарга бергандик. Лекин эътиборсиз қолди.

-Яхши, таклифларни кўриб чиқамиз,-деди Каримов.-Ҳозир ҳақиқатдан ҳам парчалаб ташлаш керак. Лекин сиз айтган услубнинг замони ўтди. Бу йўл билан уларни кучлантирамиз. Бугун ақл билан иш кўрадиган пайт. Ҳозир мухолифатнинг ичида бир неча киши лидерликка даъвогар. Бизнинг вазифамиз уларни бир-бирларига қарши қўйишдир. Хўш, айтингчи, мухолифатнинг ичида неча фоизи сизнинг одамингиз?

-Аниқ айтишим қийин.

-Аниқ айтсам Олмонияда ҳар учинчи одам хавфсизлик хизматига ишлагани фош бўлганидек фаолиятимиз очилиб қолади, деб қўрқаяпсизми ёки мендан сир сақлаяпсизми?

-Асло, асло,-дея суҳбатга аралашди иккинчи котиб.

-Мен иложи борича мухолифат ичига кўп одам суқманг, бир жойда сиримиз очилса, оламга шарманда бўламиз, дея топшириқ бергандим. Шу сабабдан бу хусусда бироз истиҳола қилаяптилар.

Бундан кейин Мелкумовни қўлга олишим керак, деб ўйлади Каримов. Умуман куч вазирликларини иккинчи котибнинг қўлидан чиқармоғим ва ўзимга тобе қилмоғим лозим. Бу ишларда учинчи киши ортиқча. Буни қандай қилиб амалга оширсам? Назаримда баъзи жумҳуриятларда Президент вазифаси ташкил этилиб тўғри қилинаяпти. Мен ҳам шу йўлдан борсам, бутун кучни бир қўлда жамлайман. Ҳозирча эски парламентнинг охирги сессиясини эсон-омон ўтказишим, кейин эса янги сайловни тайинлашим керак. Худо хоҳласа, янги парламентда биринчи бўлиб Президент вазифасини жорий эттираман. Ана ундан кейин мана буларнинг хуржунини елкасига осиб, орқасига тепаман. Бир ўқ билан икки қуённи ураман. Ҳам халққа “Сизнинг талабингиз билан буларни қувдим”, дейман, ҳам уларнинг ўрнига ўз одамларимни олиб келаман. Аммо булар фитнага уста. Ҳаётини бошлабди-ки, фитна гирдобида сузишади. Менга қарши ҳам қанча-қанча фитналарнинг режасини тузган бўлишлари мумкин.

-Ўзларини миллий ҳаракат деб атаётганларнинг ичидаги лидерларни хўроздек уруштиришимиз керак. Буни фитна дейсизми, ҳийла дейсизми, мен учун фарқи йўқ, -деди Каримов.-Мен учун муҳими мамлакатни қутқариб қолишдир. Истасангиз алданг, истасангиз мансаб ваъда қилинг, истасангиз қармоққа илинтиринг, бажара олмасангиз менинг олдимга олиб келинг. Ҳозирча эса Исо Холисни биз кўрсатадиган номзодлар рўйхатига киритинг. Унинг номзоди қаршисида бошқа исм кўрмайин. Шавкат Темурни эса узоқ тутинг. Керак бўлса, Паркент жанжалидаги бақириқ-чақириқлари учун терговга тортамиз. Барча вилоятлар туманларида мажлислар ўтказиб, Фарғона воқеаларида мухолифатни қон тўкилишига сабабчи қилиб халққа тушунтиринг.

Каримов ҳар кун эрталаб ва оқшом ҳисоб бериб туришларини айтиб уларни чиқариб юборар экан, Олий Кенгаш раиси Иброҳимовга сим қоқди:

-Бугуноқ раёсатни тўпланг, кўча намойишлари ва митинглари ҳақидаги олдинги қарорларни кўриб чиқинг, иложи борича ҳар қандай намойишни тақиқлаш чорасини кўринг. Аммо бу ишлар демократия, ошкоралик рамкасида бўлсин. Яъни демократия ва ошкораликни ҳимоя қилиш учун бузғунчилик қилаётганларнинг йўлини тўсинг. Қарор тайёр бўлса, устидан кўриб бераман, -деди.

Каримов шундан кейин эртага иш бошлайдиган сессияга тайёргарлик кўра бошлади. Фикрларини ён дафтарчасига қайд этаркан баъзи масалаларни Москва билан келишиб олишга қарор қилди. Кремлга телефон қилиб, Михаил Сергеевич билан маслаҳатлашиб оладиган масалалар чиққанини айтди. Бир неча дақиқадан кейин уни Горбачёв билан боғлашди. У ўрнидан туриб гаплаша бошлади:

-Ҳозир Марказий Комитет бюросининг фавқулодда мажлисини ўтказаяпмиз. Эртага мухолифат бир миллион кишини кўчаларга, майдонларга олиб чиқмоқчи.

-Нима талаби бор экан? Лидерлари билан гаплашмадингизми?-деб сўради Михаил Сергеевич.

-Гаплашдик. Талаблари битта. У ҳам бўлса “Она тилимизга давлат тили мақоми берилсин”, дейишмокда.

-Бунинг қўрқадиган жойи йўқ.

-Лекин давлат тили-расмий тилимиз бор, қандай қилиб бошқа тилга ҳам шундай мақом беришимиз мумкин?

-У бошқа тил эмас, сизнинг она тилингиз. Менимча мухолифатнинг талабини қондирмоқ керак.

-Раҳмат сизга! Олдимизда катта йўл очдингиз. Аммо бу ҳаракатимиздан рус тилида гаплашадиган дўстларимиз норозидирлар. Мана мажлисда иккинчи котиб ва КГБ раиси норози эканликларини айтаяптилар. Уларга қулоқ солмасдан иложим йўқ.

-Уларга қулоқ соладиган бўлсангиз, мени нега безовта қилаяпсиз?

-Ўринбосарингиз жаноб Лигачёв суҳбатдан ўтаётганимда “Иккинчи котиб ва КГБ раисининг маслаҳатларига қулоқ тутасиз”, деганди.

-Ҳозир ҳар кун, ҳар соатда шартлар ўзгармоқда. Мухолифат сиз билан қўшиб уларни ҳам супуриб ташлашини менинг номимдан ўзларига етказиб қўйинг. Маҳаллий шароитни ва миллий масалаларни яхшироқ ўрганишсин. Мухолифатнинг талабини эса эрта эрталабки пленумда муҳокама қилинг, ундан кейин парламентга олиб чиқиб, музокарага қўйинг. Демократия, қайта қуриш, ошкоралик ва фикр ўзгариши бу бизнинг бош йўлимиздир…

Телефоннинг нарёғидаги раҳбар худди китоб ўқиётгандек тинимсиз гапираркан, Каримов телефон дастасини қулоғидан узоқлаштириб, юзини бужмайтирганча кутиб турди. Юзи бужмайган бўлса-да, қалбида фараҳ ва севинч бор эди. Чунки бирданига икки масалани ҳал қилганди:

Биринчидан, мухолифат байроқ қилиб кўтарган масалани ўз қўли билан ҳал қиладиган ва халқнинг олдига чиқиб, кўкрагига уриб мақтанадиган имконият пайдо бўлди.

Иккинчидан эса, жумҳуриятнинг жиловларини тутиб турган икки кишининг шаштини синдирди. Энди улар билан қандай гаплашиб қўйишни билади.

У суҳбатдан кейин бир-икки дақиқа ўриндиққа ястанди-да, сўнг КГБ раисига телефон қилди:

-Ҳозир менга Москвадан мамлакатимиз раҳбарининг ўзлари телефон қилдилар. Идорангиз яхши ишламаётганини алоҳида таъкидладилар. Мен эса сизни ҳимоя қилдим. Шунга муносиб бўлинг. Мухолифатни қандай қилиб икки, учга бўлиб юбориш ҳақидаги аниқ режаларингизни олиб келинг!

26. АНИШЧЕВ

Каримов иккинчи котибни чақирди. Лекин унинг ҳозиргина чиқиб кетганини айтишди. Иккинчи котибни Хавфсизлик қўмитаси раиси чойга чақирганди. Улар чой баҳонасида ёзиб олинган телефон суҳбатларни тинглардилар.

-Ёндик, -деди қўмита раиси, магнитофон тугмасига босаркан.

Каримов билан мамлакат раҳбарининг суҳбатини тинглаган иккинчи котиб ўрнидан сапчиб турди-да: “Ҳозироқ рапорт тайёрланг, бу ўйинни фош қиламиз,”-деди.

-Қандай қилиб фош қиламиз? -деди қўмита раиси. -Ахир қўлимизда далил йўқ-ку.

-Бу-чи? -сўради иккинчи котиб.

-Бу фақат сиз ва мен учун. Сиз эшитаркан айни пайтда мен бу суҳбатни лентадан ўчирдим. Агар билиб қолишса, бошимиз кетади.

-Унда нима қиламиз? -деди иккинчи котиб.

-Каримовга астойдил хизмат қилиб, ишончини оқлашимиз қийин. Унинг жиддий хатоларини топиб, юқорини хабардор қилишимиз керак.

Мелкумов Каримовга астойдил хизмат қилишимиз керак, демоқчи эди, лекин бу “вазифа”ни ўзига қолдириб, иккинчи котибни Каримовга қарши қўймоқчи бўлди. Ҳа, у фақат мухолифатнинг орасини эмас, балки бошқаларнинг орасини бузишни ҳам одат қилганди. Каримов бугун унга мухолифатни бўлиб юбориш топшириғини берди. У эса бу ишнинг асосини битириб қўйган эди. Фақат мухолифат лидерлари ўртасидаги деворларга яширилган портлатгичларнинг ипини ёқиб юбориши қолганди. Буни Каримовга айтмади. Мана энди Каримов ундан шошилинч тадбир сўраяпти. Икки-уч кунда тадбир натижасини билан маълум қилса, Каримов унинг қадрига етмаганига пушаймон бўлади. Жойи келса юқорини яна ўзи юмшатади. Булар шунақа, бугун олов, эртага сув…

-Каримов иккинчини қидираяпти, -деган овоз эшитилди радио узатгичдан. Анишчев сапчиб тушди. Дарров ўрнидан турди.

Мелкумов Анишчевни ҳар доим Миллий хавфсизлик қўмитасининг ертўласида кузатиб қоларди. Анишчев “чойга”келаркан, Мелкумов унга махсус машиналардан бирини юборарди. Улар келишиб олганларидек, Анишчев Бош универмагнинг ёнида ўзига ажратилган хизмат машинасидан тушиб, Мелкумов юборган қора “Волга”га минарди. Мелкумовнинг машинаси КГБ биносига киришда текширишга тобе бўлмагани ва иккинчининг қатнови очилиб қолмаслиги учун шундай қилишарди. Машина ертўлага қадар кириб келарди ва бу ерда қўмита раиси “меҳмон”ни кутиб оларди. Бу “ўйинни” йиллар давомида бажаришгани учун одат тусига кирганди.

Ман энди Анишчев навбатчи машинага минаркан, Мелкумовнинг қулоғига пичирлади: “Ҳойнаҳой менинг суҳбатларимни ҳам эшитсанг керак”.

Мелкумов ранжиган қиёфада “Сизга ўзимдан зиёд ишонаман. Соянгизда ишлаб юрибман. Ана унинг қонини қонимизга қўшиб қайнатса ҳам аралашмайди. Назоратда тутмасак, саройни Бухоро амирининг ҳарамига айлантириб юборади,”-деди.

Анишчев яна бир нима демоқчи бўлгандек, бўйнини чўзди. Буни пайқаган Мелкумов эгилганча қулоқларини иккинчи котибнинг оғзига яқинлаштирди.

-Эрта оқшомга саунани тайёрлаб қўй. Сессиядан кейин меҳмоним бор-, дея жилмайди у. Мелкумов: “Амрингиз биз учун қонун” дегандек қўлини кўксига қўйди-да, Анишчевга иккита “Иш папкаси”ни узатди.

-Бўш вақтингизда буларга назар солиб қўярсиз, -деди.

Ҳар икки “Иш папкаси”ҳам қизил бўлиб, устига “Асосий нусхаси биринчи сейфда. Мутлақо махфий”, деб ёзилган эди.

Иккинчи котиб машиналар алмашгунига қадар ҳам сабр қилмасдан “Иш папка”ларидан бирини очди:

“Исо Холис(Сапарали Ҳамдамов)га оид муҳим маълумотлар: 1948 йил туғилган. Икки марта уйланган. Биринчи умр йўлдоши уч фарзанди билан айри яшайди. Иккинчиси маҳаллий миллатдан бўлмагани учун бу хусусда ҳар турли миш-мишлар тарқатиш мумкин. Шу кеча кундузда энг нозик жойи уй масаласидир. Иккита ёхуд учта уйга эҳтиёжи бор. Қазилма буюмларини яхши кўради ва тўплайди. Пиёда юришни севмайди. Автобусга минишдан ҳазар қилади. Шу боис машина ҳам бериш мумкин. Бирга ўқиган яқин дўстларидан икки нафари бизнинг одам. Аммо яқинда улардан бирини дўппослаган. Шу боис уни қарши қўйиш мумкин. Зиёфатни, кайф-сафони севади. Биз юборган қизларнинг бирортасидан ҳам шубҳа қилгани йўқ.

Лидерлик қобилиятига эга эмас. Бирор жойда муқим ишлагани йўқ. Ишлаган жойларидан масъулиятсизлиги учун ҳайдалган. Фамилиясини ёзсангиз ёки фамилияси билан чақирсангиз “Ғурурим топталди ” деб ҳисоблайди. Бу ҳақда мақолалар уюштириш мумкин.

Яхши кийиниши, мажлисларда ўзини кўрсатиб қўйишни билгани учун бир гуруҳ ёшлар унинг орқасидан эргашган. Уни яхши таниганлар эса дарҳол узоқлашган.

Жаҳли бурнининг учида. Уни қиздириш жуда осон. Энг ёмон кўрган одамига ўхшатсангиз ёки лидерлик қобилияти йўқлигини юзига солсангиз дуэлга ҳам чиқишга тайёр бўлади. Бошқаларнинг фикри билан ҳисоблашмайди. Ўзининг билганидан қолмайди. Уни алдаш осон, миш-мишларни, “деди-деди”ларни яхши кўради.

Умр йўлдошига жуда ҳам боғлиқ. У чизган чизиқдан чиқмайди. Буни бошқаларга билдирмасликка уринади. Шу сабабдан ўзгалар олдида оила аъзоларига қўполлик қилади. Келажакда оилавий ҳаётини ҳам фош қилиш мумкин.

Пулни севади. Кераксиз жойга хирмон совургандек пул сочади. Керакли жойга қолганда эса ҳар қандай хасисга ҳам дарс беради. Кейинги пайтда чет элликлар билан яқин алоқа қила бошлади. Баъзиларидан ёрдам ҳам олди. Филмга туширганмиз. Ҳасадгўй. Бошқаларни менсимайди. Докторларнинг бизга тақдим этган ҳужжатларга кўра, параноя хасталигига дучор. Агар раҳбарлик жилови қўлига тегса, ашаддий диктаторга айланади. Жуда тез ўзгарувчан. Бугун айтган фикридан эртага осонлик билан қайтади. Аммо бировни душман деб билса, бу фикридан ҳеч қачон қайтмайди.

Хаёлпараст. Ҳар бир кичик ишини катта қилиб кўрсатишга уринади. Ҳозир атрофини ўраб олганмиз. Қаёққа бошласак, ўша ёққа юради… “

Иккинчи котиб машинани “алмаштираркан” иш папкаларини қўлтиғига яширди. Ўзига ажратилган хизмат машинасига мингач уларни қайта варақлай бошлади. Лекин хаёллари “кўча кезарди”. Балки мана шу шофер ҳам уларнинг одамидир, деб ўйлади. Балки, бу ҳам мен ҳақимда ана шундай нарсалар ёзиб берар. Балки, илгаридан бир неча папкалар тўлгандир? Йўқ, хавфсизлик қўмитаси қарорларимизга риоя қилади. Партиямиз раҳбарлари ҳақида бирор бир ҳужжат тўпланиши мумкин эмас. Агар шундай ҳол юз берса ва у ўртага чиқиб қолса, ҳаммасининг боши кетади.

Аммо буларга ишониш қийин. Ўз манфаатлари учун ҳеч нарсадан чекинишмайди. Каримовнинг суҳбатини ёзиб олибди-ю меникини ёзмайдими? Ўчириб ташладим, деганига ишонадиган аҳмоқ борми? Бирок мендан қўрқади. Икки йилдан буён биргамиз. Ҳафтада бир саунага борамиз. Бугунга қадар бирор жойда ҳиди чиқмади. Ўзининг ҳам гуноҳлари меникидан кам эмас. Менга ўн саккиз ёшли қиз топса, ўзига ўн етти ёшлисини топади. Унинг душманлари йўқми? Балки унинг орқасидан кузатадиганлар бордир? Икки йилдан буён бир қанча иш папкаларини тўлғазиб қўйишгандир, балки? Эртанги саунани бекор қилсамми? Йўқ, лаънат шайтонга, унга ишонмасам кимга ишонаман? У билан нима ишлар қилмадик? Водийдаги воқеалар режасини иккаламиз ўтириб тузмадик-ми?

Хуллас, ҳаммасига шерикмиз! Аслида нега ундан чўчий бошладим? Назаримда Каримов бизнинг орамизга ҳам соя ташлади. Унинг номзодини ўзимиз кўрсатдик. Лекин ўзимизга бало бўладиганга ўхшайди. Илгари вилоятда ишлаганида совға-салом бериб турарди. Энди ўша совғаларни бурнимиздан суғуриб олади-ёв?! Москвадаги раҳбаримиз латта бўлмаганда-ку, буни боплардик. Ҳа, бўпти нималар ҳақида ўйлаяпман ўзи?

У хаёл суриб бораркан беихтиёр иккинчи “Иш папкаси”ни очиб, унинг илк саҳифасини ўқиётган эди:

“Шавкат Темур. (Ш. Темуров ) 1945 йил туғилган. Икки марта уйланган. Биринчи хотини билан ажрлаган.

Иш ерида раҳбари билан ораси очиқ. Раҳбари миллатчи эди, шунинг қўли билан ер тишлатдик.

Унинг Москвадаги идорамиз билан алоқаси бор. Аммо жиловини бизга беришмаяти. У қўрқмай чет элликлар билан тез-тез учраша бошлади. Топшириқ биздан эмас, Марказдан бўлиши мумкин. Улардан очиқчасига ёрдам ҳам олмоқда. Сиёсий фаолият билан бирга инглиз тилини ҳам ўрганмокда. Бу эса унинг чет элликлар билан тўғридан-тўғри алоқа қилиш нияти борлигини ёки келгусида ундан бошқа ниятларда фойдаланиш режаси борлигини кўрсатади. Лекин икки укаси ва акаси бизнинг ҳисобда.

Жаҳлини чиқариш осон. Ўжар. Ўз фикрини бошқаларникидан устун қўяди. Атрофига ўз одамларини тўплашга ҳаракат қилади. Мажлисларга қариндош-уруғларини бошлаб келишга уста.

Бошқа жумҳуриятлардаги ҳаракат лидерлари билан алоқа ўрнатган. Тоғаси ҳукуматга яқин одам. Ундан фойдаланиш мумкин. Ака-укаларини раҳбарлик ишларига тортиб, жиловлаб қўйиш мумкин.

Жанжалчи. Бошқа лидерлар билан орасиини бузиб қўйиш учун бу феълидан фойдаланиш мумкин.

Раҳбар бўлишни, раҳбарлик қилишни яхши кўради ва жуда истайди. Аммо қуруқ назарияга боғланиб қолган.

Бошлаган ишини ярим йўлда ташламайди. Рақибининг кичик бир хатосини кўрса, ундан усталик билан фойдаланади.

Пойтахт мафиясига алоқаси бор.

Диний идоранинг собиқ раҳбарлари билан алоқа ўрнатган. Муфтини қўзғолон йўли билан йиқитиш учун иш олиб бормокда. Ўзи диндан узоқ. Ароқ ичади. Диндорлар ичидаги одамларимиз орқали “Намоз ўқимайди, ичкиликни севади, Исломга қарши” дея ҳар қандай минбардан қувиш имкониятимиз бор. Лекин Марказ бунга йўл бермаслиги мумкин.

Америкада яшаётган “ватан хоинлари” билан алоқа ўрнатган. Улар Исо Холис орқали унга компютер юбордилар. Бу компютер Марказий разведка бошқармасига оид бўлиши ҳам мумкин. Ўрганаяпмиз.

Шантажчи. Одамларимиз у билан рўбарў келганда, бу нарсага алоҳида эътибор беришларини талаб қилаяпмиз…

Унинг масаласини Марказ билан гаплашиб олиш керак. Бизнинг сўровларни Марказ инкор этмоқда.  Марказком раҳбарияти номидан Москвага мурожаат қилиш таклифимиз ҳали ҳам ўз кучида… “

Иккинчи котибнинг машинаси саройга етиб келгани учун у “Иш папкаси”ни яна ёпиб қўйишга мажбур бўлди. Ичкарига кираркан бекчи-миршаб:

-Сизни “Биринчи” қидираяптилар, -деди.

-Биламан, -деди-да очиқ турган лифтга миниб, тугмани босди. Унинг хонаси ҳам олтинчи қаватда эди. Бинонинг бир тарафида Каримов ўтирса, иккинчи тарафида у жойлашганди. Бу ҳолни тарозининг палласига ўхшатишарди. Аммо “тарозининг” иккинчи котиб ўтирган томони оғир босарди.

Ҳатто “биринчилар”лар иккинчи котибни ёнларига чақиришга истиҳола қилиб, ўзлари унинг ҳузурига келишарди. Мана энди шартлар ўзгарди. Лекин дарҳол чекинмаслик керак, деб ўйлади иккинчи котиб. Ҳозир тўғри унинг хонасига бормайман. Қўлимдагиларни кўриб қолиши мумкин. Умуман у менинг КГБга борганимни қаердан билди? Ёки орқамга “дум” боғладими?

Балки Мелкумов икки томонга ишлай бошлагандир? Бундан олдинги иккита раҳбар-Усмонхўжаев ва Нишоновларнинг шохини синдирдим. Бирини камоққа тиқдирдим, иккинчисини эса сургун қилдирдим. Наҳотки бундан қўрқаман? Ҳали кечагина ҳузуримга келиб кўз ёши қилганди. Агар мен қўлламасам бу жойни тушида ҳам кўрмасди. Лекин нонкўрлик қилаяпти. Ҳозирданоқ жиққа мушт бўлсак, мен ютқазаман. Чунки юқори кеча юборган одамини бугун алмаштирмайди. Шу боис чидашим керак. Бугунги ғирромлигини эса жавобсиз қолдирмайман.

У лифтдан тушиб, хонаси томон юрмоқчи бўлганди Каримовнинг ёрдамчиси Крайнов унинг йўлини тўсди:

-Ёнғин! Дунёга ўт кетди, -деди у. -Каримов сизни қидириш учун ҳаммани оёққа турғаздилар.

-Мен хонамга кириб чиқай, сўнг кўришаман.

-У кишига лифтга минганингизни айтдик, эшик очиқ, кутаяптилар, илтимос, ёнғинни сўндириб беринг!

Анишчев ноилож қолди. Чапга қайрилиб, Каримовнинг хонасига кирди. Унинг авзойи бузуқ. Бош эгиб столни чертиб ўтирарди:

-Иккинчи котибнинг КГБга бориши қаердан чиқди?! Ёки давлат тўнтариши ҳозирлаяпсизми? Нима гап ўзи?

Анишчев шошиб қолди:

-Топшириғингиз бўйича боргандим. Мана буларни шахсан ўзим олиб келдим. Юқорининг топшириғи билан миллий ҳаракат лидерларининг “Иш папка”лари биринчи сейфга тушганди. Уни очиш учун Мелкумов билан иккаламиз имзо қўйишимиз керак экан. Чунки сизнинг топшириғингиз ҳам жуда муҳим эди. Нусха кўчирдик, мана…

Иккинчи котиб бундай шароитларга оз тушган бўлса-да усталик билан қутулиб кетиш учун албатта йўл топарди. Баъзан бу фикр менга қаёқдан келиб қолди, деб ўзи ўзига қойил қоларди. Шу лаҳзада ҳам Каримовни қийин аҳволга туширди. Унга бу вазиятдан чиқиш учун имкон бермасликка уриниб сўзида давом этди:

-Йўлда машинани тўхтатишимга тўғри келди. Москвадан телефон қилиб, ҳозир ўтказилаётган мажлиснинг кун тартибини сўрадилар.

-Ким сўради, қанақа мажлис?

-Ташкилий бўлимдан сўрашди. Сиз мамлакат раҳбари билан гаплашаётганда бўлим мудири унинг ёнида экан, баъзи нарсаларга қизиқди. Тушунтириб бердим.

Иккинчи котиб Каримовга бирин-кетин зарба ураётганди. Каримов рингда тентираб қолган боксчидек мувозанатини йўқотди.

-Ўтиринг, ўтиринг. Ҳозир чой буюраман …

-Раҳмат, мен қаҳва ичаман, -деди иккинчи котиб.

-Дарвоқе, нимани сўрашди? -Юмшоқ оҳангда сўради Каримов.

-Давлат тили ҳақидаги қонун лойиҳасига киритилган ўзгартиришларни.

-Қайси ўзгартиришларни?

-Марказий қўмита қонун қабул қилингач, унинг баъзи бандларини бир неча йилдан кейин кучга киритиш таклифини илгари сурди. Масалан, маҳаллий тилни билмайдиганлар учун бу қонун беш йилдан кейин кучга киради.

Каримов ўйланиб қолди. Беш йилда бу тилни ўргана оламанми? Гапириш-ку гапириш, ҳатто ўқишим ҳам қийин. Кеча бир саҳифани икки соатда аранг ўқиб чиқдим. Яхшиямки Жўрабеков тилни билар экан. Ҳатто у ҳам баъзи калималарни тушунмади. Биз бўлсак бутун давлат ишларини ана шу тилда юритмоқчимиз. Тўхтаб тур, қонун дегани ҳаёт эмас-ку. Ҳаёт бошқа, қонун бошқа. Қоғоздаги нарса-қоғознинг мулки. Агар шу бузғунчилар истаётган бўлсалар, қоғозга ёзиб қўяверамиз. Уни бажариш, бажармаслик ўз қўлимизда. Бир кун келиб тилни яхши ўрганиб олсам, балки бу қонунни амалга ҳам оширармиз.Ҳозирча эса рус тилида гапирадиган биродарларимизни чўчитмаслик чорасини кўришимиз керак.

-Беш йил оз, -деди у иккинчи котибга. -Сўзга чиқувчиларни тайёрланг. Саккиз йил деган таклифни киритишсин. Масалан, сиз саккиз йилда ўрганишингиз мумкинми?

-Биргалашиб ўрганамиз. -Иккинчи котиб “Катта”ни яна “чақиб”олди.

-Ўрганолмасак, кейинчалик ана шу бандларини олиб ташлаймиз. Бунга юқоридагилар нима дейишди?

-Улар ўзимизнинг одам. Эътироз қилишмади.

-Яхши. Дарвоқе, бу “Иш папка”ларида нима бор?

-Исо Холис билан Шавкат Темурнинг кимлиги, энг нозик жойлари, қилмишлари ҳақидаги маълумотлар.

Каримов ҳам Анишчевга ўхшаб ҳар икки “Иш папкаси”нинг илк саҳифаларини ўқиб чиқди.

-Демак, биринчи қиладиган ишингиз Исо Холиснинг бирга ўқиган дўсти Мақсад Муҳаммад Қулни… нега бунинг учта исми бор?

-Ҳозир шунақаси мода бўлган.

-Бўпти, ана шу “Қул”ни тузоққа илинтиринглар. Йўлини қилиб менга таништиринг. Калласида бирор нарса бўлса ёнимизда ишлатамиз, жилов қўлимизда бўлади. Иккинчи, дўсти Омон Матчонни эса душманга айлантирамиз. Йўлимизга юрса, келажакда Исо Холиснинг қаршисига рақиб қилиб чиқарамиз. Ҳозирча Исо Холисни Шавкат Темурга қайранг. Шавкатни эса Исога. Уларни халқнинг олдида қўчқорлардек уриштирмоқ керак… Дарвоқе, унинг жиловини бу ёққа олиш ҳақида ҳам у ёқдагилар билан гаплашинг. Рози бўлишмаса йўлини топиб, уни чиқариб юбориш ҳақида ўйланг…”.

Иккинчи котиб “Хўп…хўп…” дегани билан, аслида рақибини “нокаут” қилгандек шахдам одимлар билан Каримовнинг хонасини тарк этди. Ўзи учун ажратилган кабинетдаги совутгичдан тунука қутичалардаги пиволардан бирини олиб, ҳалқачасидан тортиб “туйнуги”ни очди ва бир ҳамлада охирига қадар ичди.

Хайрият, муздеккина экан, деб ўйлади. Мелкумов ҳаётининг сафосини билади. Айтиб қўйишим керак, уйда ҳам пиво оз қолди. Умуман чет элликлар пивони сифатли қилиб тайёрлашади. У иккинчи қутичани олиб жойига бориб ўтирди ва Москва билан гаплашиладиган “ВЧ” телефонидан КПСС МК ташкилий бўлим мудирига сим қоқди. Пленумга ва сессияга ҳозирлик қандай бораётганини айтиб қўйди. Сўнг:

-Олгага икки дона узук юбордим. Бири ўзимизнинг Мелкумовдан, бири мендан. Туғилган кунига боролмадик, ўпиб қўй қизингни, -деди бўлим мудирига.

Каримов ҳам эртанги пленум ва сессиянинг ўтишидан кўнгли тўқ ҳолда ундан кейинги воқеаларни ўйлаётганди. Шу лаҳзада уни мухолифат эртага уюштириши мумкин бўлган намойиш ҳам у қадар қизиқтирмасди. Агар қулоқ солишмайдиган бўлишса, бостириш учун Ички ишлар вазирига буйруқ берди. Уни қизиқтираётган нарса янги сайлов ва ундан кейинги Президент лавозими эди…

 

27. “СУЛАЙМОН”

Сессия Каримов ўйлаганидан ҳам “самаралироқ” ўтди. Сессиядан чиққан Каримов анҳор соҳили бўйлаб иш хонасига бораркан, Қизил майдонга машина киришининг ким таъқиқлаган экан деб ўйлади. Наҳотки Московда ҳам “Катта”лар пиёда юришса? Йўқ, аксинча улар қора Волгаларда Қизил майдондан саф тортиб ўтишни яхши кўришади. Улардан менинг қаерим кам? Мен ҳам бир жумҳуриятнинг отасиман. Нега энди пиёда юришим керак? Йўқ, бу тартиб мен учун эмас. Бунга бошқалар риоя қилишсин. Лекин ҳар доим сессия мана бу концерт залида ёки Олий кенгашда ўтиши шартми? Буни ҳам ҳал қиламиз. Сессия мажлисларини ўзим ишлаган бинода ўтказаман.

-Ассалому-алайкум,-қарши томондан келаётган бир кишининг товуши Каримовнинг хаёлларини бўлди. У алик олишга оғиз жуфтлаганди қаршисидаги киши тўхтамай гапини давом эттирди.

-Хабарларни эшитдик, Сизга минг раҳмат! Ота-онангизнинг жойлари жаннатда бўлсин, гўрлари нурга тўлсин! Халқимизнинг эгилган бошини тикладингиз. Минг йиллик орзуимиз амалга ошди. Она тилимиз давлат тили бўладиган кунларни кўрдик. Буни сиз бағишладингиз бизга. Тахтингиз ва умрингиз боқий бўлсин!

Каримов қўлини кўксига қўйиб раҳмат ишоратини қилиб, йўлда давом этди. Орқадан келаётган шаҳар партия қўмитасининг биринчи котиби ҳалиги кишини қучоқлаб, қулоғига пичирлади: “Раҳмат, мен кутгандан ҳам яхши чиқди!”

Каримов ҳали хаёлларидан айрилмаган эди. Шу боис ёнида келаётган хўжалик ишлари бўлими мудирига:

-Орқага қайтамиз, машинани шу ерга чақиринг, -деди.

-Машинангиз шу ерда. Сизни кутиб турибди.

-Бу ерга кириш таъқиқланган эмасми?

-Бошқалар учун таъқиқланган, Сиз ва Бюро аъзолари бундан мустасно.

Каримов мудирнинг сўнг сўзларига қулоқ ҳам солмай соҳил бўйлаб лапанглаб юрганча, мажлис бўлиб ўтган бинонинг олд томонига ўтди. Мажлисдан чиққан депутатлар аллақачон тарқалиб бўлишганди.

Булар учун депутатлик ҳам ортиқча ташвиш, деб ўйлади Каримов. Яқинда ҳаммасини бир варакайига бу ташвишдан қутқараман. Аслида шундай подадан яхшиси йўқ. Оғзингдан чиққанига “лаббай” дейишади. Қўл кўтариб туширишда буларнинг ёнида роботлар ҳам ип эшолмайди. Аммо илож қанча? Теппадан оёқ тираб туришибди. Нима эмиш, эркин сайловлар бўлсин эмиш. Ўзлари-ку эркин сайлов қиламиз, деб бошларига бало олишди. Мажлисбозликдан бошқа ишлари йўқ. Юзларининг пардасини йиртиб ташлаган маҳмаданаларга майдон топилди. Мендан олдинги раҳбар-Рафиқ Нишонов ҳам латта экан, эркин сайлов деганларига ишониб тўрт-беш жўжахўрозни Московага жўнатган, мана энди томошасини биз кўраяпмиз. Бу ёғини ҳал қилиб олай, кейин уларнинг ҳам танобини тортиб қўяман.

Каримовнинг машинаси икки дақиқада манзилга етиб келди. У машинадан тушаркан хўжалик ишлари мудирини ёнига чақирди:

-Бундан кейин машина орқа эшикдан ичкарига кирадиган бўлсин. Ана у одамлар нимани кутиб туришибди? Ё булар митингчиларми?

-Йўқ, митинглар жуда сокин ўтди. Булар шикоятчилар. Ер учун икки қишлоқ бир-бирига қарши бўлган. Самарқанд вилоятидан… Оқсоқоллари тўпланиб, сизнинг ёнингизга келишибди.

-Бундан кейин мен шикоятчи қабул қилмайман. Сайловларни ўтказиб олайлик, шикоят ёзишни ҳам маън этамиз. Индамасанг булар Оллоҳнинг устидан ҳам шикоят ёзишади. Ички ишлар вазирига топшириқ бер, автобусларига миндириб, чиққан жойларига жўнатсин.

Аммо шу пайт оқсоқоллар миршабларни четга суриб, унинг ёнига келишди. У бир ҳамла билан ичкарига кириб кетмоҚчи бўлди. Аммо оқсоқоллар уни ўраб олишганди. Каримов уларни бир-бир қучоқлади. Баъзиларининг юзларидан ўпди. Кейин:

-Қани отахонлар овминга қўл очинглар, -деди. -Мен сизларнинг дардларингизни яхши биламан, миршаблар билан ораларингизда бўлиб ўтганларни “Правда” газетасида ўқигандим. Ўша пайтда чора кўриш ўрнига сизларни газетага ёздириб, шарманда қилганларни чиқиб олган дарахтларидан туширамиз. Мана яқинда сайлов ўтказамиз. Мен номзодимни сизнинг тумандан қўйсам, қўллайсизми? Қўлласангиз, қани овмин айтайлик.

“Овмин”, “Овмин”деган оқсоқоллар Каримовни қайта бошдан қучоқлаб, юз кўзларидан ўпишди.

-Сайловолди учрашувига борганда ҳамма масалангизни ҳал қилиб бераман, ҳозир эса ҳаммангиз уй-уйингизга марш, иншоллоҳ, яқинда кўришамиз.

Шошиб қолган оқсоқоллар орқага чекиниб, Каримовга йўл беришди. Каримов ичкарига кираркан, олтинчи қаватга чиқишни кутиб ҳам ўтирмай, биринчи қаватдаги ҳожатхонага югурди. Юз-қўлини юваркан, бобой зоти жуда сассиқ бўлади, деб ўйлади. Баъзиларининг соқоли кўкариб кетибди, нос чекавергандан бўлса керак…

Каримов жирканганча қайта-қайта тупурди-да, юз-қўлини такрор ювиб, ташқарига чиқди. Аммо лифтнинг ёнида бир зум тўхтаб қолди. Илгариги раҳбарлар мажлисдан кейин вилоятдан келган биринчиларга албатта зиёфат қилиб беришарди. Бу билан ҳам уларнинг кўнглини олишарди, ҳам ўзларига боғлашарди. Бу анъанани бузсамми, деб ўйлади Каримов. Йўқ, бирданига бўлмайди, буларнинг аксарияти олдингиларнинг думи. Жойларда чуқур илдиз отишган, қўпориб ташлаш қийин. Илдизларини бир-бир чопмоқ керак. Ҳозир сайлов олдидан уларни нишонга қўйиб, мухолифатнинг йўлини тўсишим шарт. Мабодо бирлашиб кетсалар ота гўри-қозихона бўлади. Ҳозирча уларга “Сен яхши…” дейишим даркор.

Каримов хўжалик ишлари бўлими мудиридан “Биринчилар қаерда?”деб сўради.

-Улар боғдалар. Зиёфатни эса сарой орқасидаги меҳмонхонада ҳозирладик.

Каримовнинг жаҳли чиқди. Нега мендан сўрамай ҳозирлашади? Ким буларни бу қадар мустақил қилиб қўйган? Эҳ-ҳе, олдимда қанча ишлар бор, деб ўйлади.

-Нега мен билан маслаҳат қилмадингиз? Бугун жумҳурият тарихида алоҳида кун. Она тилимизга давлат тили мақоми берилди. Бу шодиёна учун сичқоннинг инидек жойда зиёфат берамизми? Қачонгача қўрқиб, писиб яшаймиз. Ҳозирданоқ лойиҳаларни тайёрлашга киришинг. Сайлов ўтгунга қадар зиёфат берадиган саройимиз бўлсин. Янги парламентнинг биринчи сессиясида улкан қарорлар оламиз. Уларни “ювиш” учун кошонага эҳтиёжимиз бор, -деди мудирга. Мудир топшириқни ён дафтарига ёзиб оларкан, Каримов ташқарига қараб одим ташлади.

-Соат нечада тўпланишади?

-Сиз қачон келсангиз ўшанда… Дарвоқе, зиёфат жойини “иккинчи” билан маслаҳат қилгандик.

-Бу ишларда иккинчи-пиккинчи йўқ. Ҳаммасини мен билан маслаҳат қиласан. Табиийки, бу ерда ишлашни истасанг. Ё, менинг одамим бўласан ёки ҳеч ким.

Каримов ташқарига чиққанда қуёш ётоғига бош қўя бошлаган, вужудидан қон сизиб чиқаётган аскардек бир мушт бўлиб қолганди. У қуёшнинг бу ҳолидан норози бўлгандек шафаққа разм солиб турганди, яқиндаги стадиондан мухлисларнинг саси юксалди.

-Нима гап? -деб сўради Каримов мудирдан.

-Бугун футбол командаларининг учрашуви бор эди.

-Ўша “иккинчи”нгга айт, Спорт қўмитаси раисини ишдан олишни буюрсин. Бундан кейин менинг изнимни олмасдан бирор бир ҳаракат қилинмайди. Бурнимнинг тагида саксон минг одам қичқириб ўтирса-ю, мен бехабар. Шаҳар бедарвоза эмас!

Орадан кўп ўтмасдан унинг “Шаҳар бедарвоза эмас” деган гапи оғиздан оғизга ўтиб, машҳур бўлиб кетишини ҳали ўзи билмасди. Бора-бора бу гап ҳар бир раҳбарнинг ҳам буйруғи, ҳам илтижоси, ҳам қалқони, ҳам қилмишига айланажагини Каримов билмаса-да, воқеалар шу атрофда ривожланажагини ҳис этарди. У Сулаймон айри, девлар айри бўлишини истамасди. Девлар Сулаймон учун, Сулаймон яшаса, девлар яшайди, деб ўйларди. Буни ҳақиқатга айлантириш учун ҳар бир дақиқа, ҳар бир сониядан фойдаланиб қолишга уринарди. Унинг ҳаёт -мамоти, жон-жаҳди, орзу умиди ана шу эди.

28. НОМЗОД

 

Каримов зиёфатдан кеч қайтди. Вақтини беҳуда ишга сарфлаган одамдек ётган жойида узоқ тўлғанди. Ичкилик-у егуликнинг сероблигидан ўз насибини олган Каримов бу юкнинг оғирлигидан бўлса керак кўзи юмилиши билан туш кўра бошлади.

…Баланд тоғ. Теппада икки қоя, иккиси ҳам қиличга ўхшайди. Қояларнинг устида икки махлуқ.

Бирининг тўрт оёғи, олти қўли, бир қанча қаноти бор.

Иккинчисининг эса бир қўли, бир оёғи, бир кўзи бор.

Каримов ўртада муаллақ. Махлуқлар унга ашула айттиришаяпти. Маҳаллий тилда ашула билмайман, деса ҳам “Айтасан, акс ҳолда пастдаги балчиққа отиб юборамиз” деб пўписа қилишарди. У эса билмагани учун мажбуран русча айтарди. Махлуқлардан бири ашуласидан безди, шекилли, уни отиб юборганди, иккинчиси ушлаб олди. Махлуқ пешонасининг терини артаман деганди, кафтидаги кичкина қиличлар Каримовнинг юзини қириб юборди. Оғриқдан бўлса керак ўзини ён тарафга отганди пастга тушиб кетди. Балчиқнинг ҳиди кўнглини беҳузур қилди. Лекин атрофнинг юмшоқлиги ҳузур бахш этди. Мириқиб ухлаш учун балчиққа бош қўйди…

Каримов уйғонганда бош учида кундалик газеталар турарди. Ёнбошлаганча “Қишлоқ Ҳақиқати”ни олиб сарлавҳасига назар ташлади: Каримов сўз берди-номзодини Каттақўрғондан кўрсатади”. Сарлавҳанинг остида унинг оқсоқоллар билан ўпишиб турган пайти акс эттирилган сурат. У жаҳл билан бош учидаги тугмани босди.

Эшик очилиб, ичкарига умр йўлдоши Татяна кирди.

-Сени чақирдимми, ҳайвон, -дея бақирди умр йўлдошига Каримов. -Қани бу ҳўкизлар?

-Эрталаб келишганди, сиз ҳали ухласангиз керак, деб газеталарни олиб қолдим.

-Сен қачондан хўжайин бўлиб қолдинг? Менинг ишимга бош суқма, демаганмиман?

-Кечаси билан алаҳсираб чиқдингиз. Бироз дам олинг, девдум.

-Ҳа, қилғиликни қилиб қўйиб, сутдан чиққан қошиққа ўхшаб турасан. Ўзингга гард юқтирмайсан.

-Вой, қошиқ деганингиз нимаси?

-Қошиқ деганим мана бу!-Каримов бир сакраб ўрнидан турди-да хотинининг юзига тарсаки тортиб юборди.

Татяна бир тарсакидан кейин иккинчи, учинчиси ҳам келишини яхши биларди. Шу сабабдан гап қайтариш ёки йиғлаш ўрнига дарров қочарди. Бу сафар қочаркан эшик нохосдан қарсиллаб ёпилди. Каримов буни тарсакига жавоб деб ўйлади ва жаҳлини пишқиртириб, Татянани қувиб кетди. Татяна ҳовлига қочиб чиққанда, хўжалик ишлари мудири сут, қаймоқ кўтариб келаётганди. Татяна ундан уялиб, орқага қайтмоқчи бўлди. Лекин аждаҳодек пишқириб келаётган эрининг жаҳлидан жумбушга келган қўрқув туйғуси бу уятни енгди. Каримов эса мудирни кўрмади ҳам. Ҳовли кенгиш бўлиб, бир томони катта боққа уланарди. Бу боғ “биринчи”лар учун махсус иншо этилган ва атрофи баланд деворлар билан ўраб олинган. Татяна югуриб борар экан, оёғидаги тапочкаси икки томонга учиб кетди. Каримов бу тапочкаларни олиб унга улоқтирди. Баланд овозда бир-икки сўкди-да, орқасига қайтди. Мудир қўрққанидан сут-қаймоқни остонада қолдириб, ғойиб бўлган эди. Каримов қоғоз қутидаги сутни тепиб юбораркан, қаймоқларни эса боғ томонга улоқтирди.

Кейин шариллаган сас унинг диққатини тортди. Бу эшаклар ҳалигача ҳовузни ҳам тўлдиришмабди, деб ўйлади у ва ҳовуз томонга юрди. Ҳовуз тўлиб кетган, ундан тошган сув атрофга оқаётганди. У аввал совуқ сувнинг жўмрагини беркитди, кейин эса иссиқ сувнинг. Ич кийимларини атрофга улоқтириб, ҳовузга кирди. Худога шукур, бу дунёда ҳам роҳат қиладиган пайт бўлар экан, деб ўйлади.

Ярим соат ҳовуздан чиқмади. Бу орада Татяна унга янги ич кийимлар ва сочиқ келтирди. Эрининг одатига кўникиб қолган хотини, хизматчиларга ҳам жавоб бериб юборгани учун, бошини эгганча, ҳовуздан чиқадиган жойдаги мармар тошларни арта бошлади.

-Ҳа, падхалимлик қилаяпсанми, эрим ҳовуздан чиқса, йиқилмасин деяпсанми ?

-…

-Бор, мудирни чақир!

Мудир пойлаб турган экан, югуриб келди.

-Янгангдан латтани ол, -деди у мудирга. -Сен эса йўқол! -деди Татянага.

Мудир аввал ўзининг янги кийимларига назар солди, кейин югуриб бориб, Татянанинг қўлидан латтани олди. Илгариги раҳбарлар хўп одам экан, деб ўйлади мудир. Ҳеч бири бунақа бақириб-чақирмасди. Ҳаммасининг осмони осмон эди, буникида эса момақалдироқдан бошқа нарса йўқ. Илгаригилар хотинларидан ҳайиқиб турардилар. Жаҳллари чиққан бўлса ҳам умр йўлдошларини кўрганда, Московдан келган меҳмонни қаршилагандек сохта тиржайиш билан эзилиб-сузилардилар. Улар Московдаги бошлиқларига ҳам тақлид қилардилар, ҳам қўрқардилар. Москов уларнинг авзойи, қадам олишлари, юриш-туришлари ҳақида биздан хабар олиб турарди. Бундан ташқари бир қанча жосуслар ҳам шу хусусда маълумот йиғиб, юқорига бериб турардилар. Бирданига замон ўзгарди. Нима бўлаётганига ҳеч кимнинг ақли етмайди. Ҳали Московда раҳбарларнинг имтиёзларини чеклаш ҳақида қарор чиққанига бир ой бўлгани йўқ. Мана бу тентак эса олдингисидан ҳам оширмоқда. Одамлар отдан тушмоқда-ю бу эса туяга минаяпти. Тож кийган шоҳ ақл олади, деганлар, балки…

-Нимани ўйлаб қолдинг бунча? Дафтарингни ол, ёз! -деди Каримов унга. У бир сапчиб ўрнидан турди-да, ҳўл қўли билан чўнтагидан ён дафтарини чиқарди. Кейин:

-Эшитаман, -дея Каримовга яқинлашди.

Чалқанча ётиб, сув устида юзаётган Каримов, ҳовуздан чиқадиган нарвончани ушлаб оёққа турди.

-Бир. Эртадан эътиборан барча хизматчилар, докторлар, массажчи ҳамширалар шу ерда ётиб қолади. Сен ва Крайнов ҳам навбатчилик қиласизлар.

Икки. Идеология котибига айт, “Қишлоқ ҳақиқати”газетаси муҳарририни ишдан ҳайдасин. Газеталарга бериладиган ҳар бир хабарни шахсан ўзи ўқисин ва менга билдириб турсин. Уч. Савол бўлмаса бор, сартарошни чақир!

-Илгари барча шу ерда ётиб қоларди. Лекин Московдан қарор келгач, бунга чек қўйдик. Муҳаррир масаласига келсак, у Московнинг депутати. Гапирсак, оғзимиз ёнади.

-Сенга оғиз ёниш қанақа бўлишини кўрсатиб қўяман. Московнинг қарори билан менга пўписа қилаяпсанми? Шу соатдан эътиборан ишдан ҳайдалдинг. Бирор жойда ғинг десанг, онангни Учқўрғондан кўрсатаман! Агар сасинг чиқадиган бўлса, қамоқда чирийсан. Камерага саломга келиб тураман. Ҳозир эса бор, ишдан ҳайдалганинг ҳақида қарор ёзиб кел.

Мудир шалпайганча чиқиб кетаётганди, Каримов уни тўхтатди.

-Ҳа, ранг-рўйинг ўликникига ўхшаб қолди? Ё, уй-жойингни, машинангни тортиб олайинми? Ёки тафтиш бошлатайми? Буларни истамасанг, қаддингни тик тут. Айтганимни бажар! Қарорни ёзиб, ўринбосаринг Мавлонга бер. У имзога олиб келсин.

Мудир чиқиб кетар экан, Каримов унинг орқасидан бир-икки бўралаб сўкди-да яна сувга шўнғиди…

Каримов ишхонасига келиши билан идеология котибини чақирди.

-Бу нима? -дея “Қишлоқ Ҳақиқати” газетасини унинг олдига отди.

-Муҳаррири гапимизга қулоқ солмайди. Илгари икки марта бюрога чақирдик, келмади. Ҳозир эса депутат бўлиб олган.

-Сиз ўзи илгари қаерда ишлагандингиз? Қандай қилиб бу ишга келиб қолдингиз? Сизга қулоқ соладиган одам борми бу дунёда? -Каримов саволларига жавоб ҳам кутмасдан, сўзда давом этди. -Келинг, сизни шу муҳаррирнинг зулмидан қутқарай. Кўнглингиз қаерни орзу қилади? Истаган жойингизни айтинг, ўша ерга юбораман. Ади-бади айтишга эса вақтим йўқ. Сасингиз чиқадиган бўлса, сиздан олдин бу вазифада ишлаган хонимчанинг ҳолига тушасиз. Камгап, юмшоқкўнгил одамсиз. Минг гапга бир гап билан ҳам жавоб бермаслигингиз менга маъқул. Хўш, ўрнингизга кимни келтирамиз? Бу хусусда ҳам демак фикрингиз йўқ. Ундай бўлса “иккинчи” билан учрашинг, эртанги пленумга ариза ёзинг, ўрнингизга эса Академияда ишлаётган Жаҳонгир Ҳамидовни тавсия қилинг.

Котиб бундай суҳбатга тайёр эди. Чунки Каримов вилоятда ишлаётган кезда иккаласининг ораси бузилганди. Шу боис масала бу қадар силлиқ ҳал бўлишидан енгил тортди. Аммо ўз ўрнига тавсия этиладиган киши бу соҳадан узоқлиги уни ўйлатиб қўйди. Каримовнинг бироз юмшаганидан ва иш ваъда қилаётганидан таскин топган котиб:

-У киши биолог, бу ерга эса мафкура соҳасидан бирини келтирсакмикан?

-Мана сен мафкурадан келгансан. Нима қилиб бердинг? Агар гапни кўпайтирадиган бўлсанг, Московдан иш қидирасан. Уч кунда думингга супурги боғлайман.

Яна котиб индамай турди. Каримов эса ичини тўкди. Сўкканида ва ҳатто урганида индамай турадиган одамни яхши кўрарди. Гап қайтарган, савол берган киши эса қанчалик ҳақ бўлмасин барибир унинг қаҳрига учрарди. Котиб эса асли индамаслардан эди. Унинг жим туриши Каримовни юмшатди.

-Бўпти чиқ, пленумдан кейин қабулимга келасан. Ҳа, Крайновга айт, менга муҳаррир Аҳмаджон Мухторовни боғласин.

Каримов бардоқдаги чойдан бир ҳўплам ичмасидан телефон жиринглади.

-Аҳмаджон Мухторов телефондалар, -деди Крайнов.

-Боғла!

Каримов қуюқ салом-аликдан кейин:

-Аҳмаджон ака, бугунги мақолангизни ўқидим. Минг раҳмат сизга. Номзодимни Каттақўрғондан қўйишни сизга ўзим айтаман, деб турувдим. Кўнглим бўлинг-е, ичимдагини топибсиз. Сурат ҳам аъло. Телефон қилаётганимнинг биринчи сабаби, раҳмат айтиш бўлса, иккинчиси, бир маслаҳатим бор эди. Биласиз, Московдаги депутатларимиз тарқоқ бўлиб кетишган. Баъзилари ану Нишонов деган латтанинг соясига айланишган, баъзилари эса умуман сўзга чиқишмайди. Мажлислар залида ҳам ухлашади. Эртанги пленумимиздан кейин иккаламиз Московга борсак, депутатларимизни йиғиб гаплашсак. Уларга сизни бошлиқ қилиб қўйсам, ўзингиз тарбияласангиз. Менинг Московдаги кўз-қулоғим бўлсангиз. Бу ердаги ўрнингиз ҳам бўш туради. Қолаверса, сайловлардан кейин янги парламентнинг газетасини чиқарамиз. Уни ҳам ўзингиз йўлга қўйиб берасиз. Аслида эртанги пленумда сизни мафкура котиблигига келтирмоқчи эдим. Лекин у ер сиз учун анча паст. Раҳмат ва қуллуқларни келажакка олиб қўйинг. Ҳозир эса катта ишларга шайланинг. Бу жумҳуриятни иккаламиз оёққа қўямиз. Сиз Московда, мен эса бу ерда!

Каримов телефон дастасини ўрнига қўяркан, бирор йил Московда совуқ қотиб юрсин, кейин йўлини қилиб газетадан четлаштираман, ҳозирча ўзимнинг одамларимдан бирини ўринбосар қилиб қўяман, ишни у юритади деб ўйлади…

Партия Марказий қўмитасининг пленуми Каримов ўйлаганидек ўтди. Эски дўсти Жаҳонгир Ҳамидовни мафкура котиблигига тавсия қилди. Илгари котиблик у ёқда турсин оддий ходимни ишга олишни ҳам Москва ҳал қиларди. Лекин кейинги вақтда бутун ваколатни маҳаллий ҳокимиятга беришди. Энди котибни сайлаб бўлгачгина бу ҳақда Москва хабардор қилинади. Бўлим мудирлари, ходимлар эса Московни қизиқтирмайди. Чунки буларсиз ҳам уларнинг боши чўп суқилган арининг уясидек ғувиллаб ётибди. Ҳар кун бир янгилик, ҳар кун бир ташвиш. Янги сайланган СССР Олий Совети тонгдан оқшомгача, оқшомдан саҳаргача мерос талашган болалардек жанжал билан овора. Каримов учокда шулар ҳақида ўйлаб ўтираркан ёнига муҳаррир Аҳмаджон Мухторов келди.

-Эртага меҳмонхонада бир қўлбола ош буюрсангиз, -деди у муҳаррирга. -Мавлон сизга ёрдамчи бўлади.

Каримов ёнида ўтирган Мавлонга қараб:

-Кеча тасдиқдан ўтдинг, энди буни ювамиз. Сен болага айтиб қўяй, агар гапимдан чиқмасанг баланд-баланд жойларга кўтараман сени.

Мавлон ўрнидан туриб, қуллуқ қилди. Каримов унинг ўрнини муҳаррирга кўрсатиб:

-Ўтиринг гап бор, -деди. Мавлон эгилиб ўриндиқ остидаги дипломат-сумкани олмоқчи бўлганди, Каримов: -Тураверсин, Аҳмаджон аканинг олтину пул билан иши йўқ, -деди. Кейин Мавлоннинг узоқлашишини бир лаҳза кутиб турди-да, муҳаррир томонга эгилди: -Нишонов билан орангиз қандай? -деб сўради.

-У миллатимизнинг бошига кулфатлар келтирди. Энг яхши инсонларни туҳмат билан қамалишига кўз юмди. Миллатимиз масхара қилинар экан, у ҳам қўшилиб кулди. Водий воқеалари Москва томонидан уюштирилди, аммо унинг хабарсиз бўлишига ишонмайман. Акс тақдирда уни Москвага шундай катта ишга олишармиди ?

-Балли оғайни, -деди ҳаяжонланган Каримов. -У менинг йўлимга тўсиқ бўлди, лекин қўлидан бир иш келмади. Бу борада сизнинг ҳам хизматларингиздан хабарим бор, унутмайман. Ана унинг эса яқинда оиласини ҳам қуваман. Бир умр юртга қайтмайдиган қиламиз. Сиз Московдаги газеталардан уч-тўрт кишини сотиб олинг, масрафини Мавлон ҳал қилади, -дея у кўрсатгич бармоғи билан қора дипломатга ишора қилди. -Нишоновга қарши жиддий кампания бошлатишимиз керак. Эртага сизни раҳбар қилиб қўйганимиздан кейин депутатларнинг жиловини ҳам қўлга оласиз.

Муҳаррир мушоҳадага борса-да, эътироз билдирмади. Каримовнинг бу қадар ишониб, ўзига яқин олаётгани уни қувонтирди.

-Биласизми битта таклифим бор, -деди у. -Ҳозир Москва кўп масалада ваколатни маҳаллий ҳокимиятга бермоқда. Биз ҳуқуқ борасида ҳам одим отмоқчимиз. Гдлян ва Иванов йигирма мингдан кўп инсонни қамоққа тиқди, зор қақшатди. Буларнинг орасида қанча-қанча олтин кадрларимиз бор. Ҳозир бу терговчилар депутат бўлиб олишган, лекин биз ҳам бўш келмаймиз. Тергов ва суд материалларини ўзимизга оламиз. Сиз эса уларни озод қилиш ташаббусини бошлайсиз. Бу билан бирданига икки қуённи урамиз. Биринчидан, озод қилинганлар “нишоновчи”ларга қарши курашчимизга айланади. Иккинчидан, улар сизни ҳар қандай шароитда ҳам сотмайдиган содиқ одамларингиз бўлади.

Муҳаррир аслида қамоқларда эзилиб ётган инсонларни тезроқ озод қилиш пайида эди. Каримовни қизиқтириш учун буни таклифларга айлантириб юборди. Каримов кўнглида шам ёқилган кишидек севинчини яширмади. Унинг жаҳли нақадар тез чиқса, севиниши ҳам самимий эди. Аммо бу самимийлик узоқ яшамасди. Кўпинча чала туғилган боладек ё ногирон бўларди ёхуд узоқ умр кўрмасди.

-Мен сиз ҳақингизда нотўғри ўйлаб юрган эканман, сиз ўғил бола экансиз, -дея муҳаррирнинг тиззасига шапатилади ва сўзда давом этди. -Бундан кейин ҳамма масалани маслаҳатлашиб ҳал қиламиз. Московдан қайтгач, газетангизда ёзиб, халққа ошкор қилганингиздек Каттақўрғонга бораман. Сайловолди учрашуви баҳона. На фақат халқимизга, балки Московга ҳам кимлигимни кўрсатиб қўйишим керак. Шу сабабдан яхшилаб бир нутқ ёзсангиз. Учрашувда ўқиб ўтирмайман. Ёзилган нарсани ўқишга ҳафсалам йўқ. Учрашувни қишлоқ жойида ўтказамиз, мухбир-пухбир таклиф қилмаймиз. Матбуотга эса сиз ёзган нутқни берамиз. Аммо нутқ бутун дунёнинг диққатини тортадиган бўлсин. Демократиядан бошланиб, ошкоралик билан тугасин. Бизнинг дастуримиз нимадан иборат эканини ўртага қўйинг.

Улар Московга етиб келганларида муҳаррир Каримовнинг қулоғига шивирлади:

-Баъзи жумҳуриятлар раҳбарлари айни пайтда ҳукуматга ҳам раҳбарлик қилишни илгари сурмоқдалар. Москвадан янги имзоланажак шартнома доирасида ўзларга кенг қамровли мустақиллик беришини талаб қилмокдалар. Москва иттифоқда қолиш қолмаслигимиз ҳақида референдум истаяпти. Демак, қўлимизда иккита урувчи қартамиз бўлади – бири “туз”, бири “қирол”. Бунинг эвазига сайловдан кейинги биринчи сессиядаёқ тишимизни кўрсатамиз. Нима бўлса ҳам қўй эмас, бўри эканлигимизни исботлаймиз…

Каримовнинг Московдаги иши тез битди. Депутатлар билан учрашувдан кейин Марказкомга бош суқди. Иттифоқ шартномасини сайловдан кейин муҳокамага қўясиз, дейишгани учун дарров орқага қайтди. Келиши биланоқ бюро аъзоларини бир-бир чақирди. Сайловни қандай ўтказиш ҳақида уларнинг фикрларини сўради. Кейин эса бюро мажлисини чақирди.

-Ҳар бирингиз сайлов учун сафарбар, -дея сўз бошлади у. -Вилоят партия қўмиталари номзодлар рўйхатини ҳозирлагач, уни Марказқўмда синчиклаб ўрганиб чиқасиз, қолипга соласиз. Ишчилар, колхозчилар, зиёлилар, партия аъзоси бўлмаганлар фоизига кўра белгилансин. Кейин рўйхатни КГБ ҳам текширувдан ўтказсин. Номзодларнинг ёши, жинси, келиб чиқиши, миллати, дини каби масалалар ҳам қолипга тушсин. Ҳар қандай ўзбошимчаликнинг олди олинсин. Демократия, ошкоралик, эркинлик биз истагандек бўлади. Шу сабабдан номзодлар кўрсатишни очиқ ўтказиш керак. Исташса юз номзод кўрсатишсин, лекин охир оқибатда бизнинг номзод ўтсин. Агар янглиш ҳол юз берадиган бўлса, масъул раҳбарлар қош-кўзинг бор демасдан ишдан ҳайдалсин. Янглиш номзодлар эса ўзлари ариза ёзиб, ўртадан чиқсинлар. Бюро мажлисига тақдим қилинадиган номзодлар рўйхати уч ранг билан ўралади. “Қизил ранг” номзод ҳар қандай шароитда ҳам депутат бўлиши шарт, “кўк ранг” номзод муқобил асосда сайланади, аммо муҳаққақ депутат бўлади, “қора ранг” эса ушбу номзод ўрнига шу ёшдаги, айни миллат, айни касбдаги, бизга хайрихоҳ киши ўтишига рухсат бўлиши мумкинлигини англатади. Марказқўм аъзолари, таниқли шоир, ёзувчилар, жумладан, Исо Холис, Эркин Воҳидов, Примқул Қодиров, Ҳалима Худойбердиева сингарилар биринчи рўйхатга олинсин. Парламентнинг эллик фоизи ана шу рўйхат асосида ўтганлардан, йигирма беш фоизи “кўк” ва қолгани “қора”лардан бўлсин. Керак бўлса, баъзи жойларда бюллетен масаласи ҳам ишга солинсин. Сайлов комиссияси раиси Қудрат Ахмедов ҳар кун, ҳар соатда ҳисоб бериб турсин. Бошқа таклифлар борми?

Ҳамма жим эди. Чунки Каримов ҳаммадан сўраб олганларини ўзининг номидан қилиб, ўртага отган эди.

-Саволлар бўлмаса ҳамма ўзига ажратилган вилоятларга йўл олсин. Ҳар оқшом соат ўн иккидан кейин сизларни қидириб, ҳисоб сўрайман, -дея мажлисни якунлади…

29.УЧРАШУВ

Каттақўрғондаги сайловолди учрашуви бир колхознинг клубида бўлди. Каримовдан олдин сўзга чиққанлар унинг ўзи ҳам билмаган хислатлари ҳақида гапиришди. Кейин ўрта ёшлардаги бир киши минбарга югуриб чиқди.

-Мен ўқитувчиман, -деди у. -Айни пайтда “Бирлик” Халқ ҳаракатининг аъзосиман. Лекин бизнинг номзодни рўйхатга олишмади. Биз мустақиллик, демократия ва ошкоралик тарафдоримиз. Мажлисларимиз қонун чарчавасида ўтгани ҳолда бизни рўйхатга олишмагани қаршимизда мустақиллик, демократия ва озодлик душманлари турганини кўрсатади…

-Нима гап? -дея Каримов вилоят биринчиси Пўлат Абдураҳмоновга юзланди.

-Бу ҳаракат ҳаммаёқни ағдар-тўнтар қилаяпти. Кўп жойларда халқ оёққа турди. Жанжал-тўполонни қийинчилик билан бостираяпмиз. Баъзи номзодларга кўз юммасак бўлмайди.

-Сизни вилоятга юборишда умидларим катта эди. Келганингизга икки ой бўлгани йўқ. Ёки оғир иш эканми? Сизнинг гапингизга қулоқ соладиган бўлсак, мана буларга ҳам кўз юмиш керак, муҳтарам Пўлат Мажидович. Истасангиз, мен чиқиб кетай, буларни сайланг, -деди Каримов киноя билан.

Минбардаги ўқитувчи исмини тилга оларкан, Каримовнинг хаёли бўлинди.

-Биз меҳмонимизга қарши эмасмиз. Ҳатто у киши ўз номзодларини туманимиздан кўрсатганлари учун раҳмат айтамиз. Лекин муқобил сайлов бўлсин. Барибир халқ бу кишини сайлайди. Аммо айни пайтда жумҳуриятга муқобил сайлов ибрати берилади.

Ўқитувчи минбардан тушаркан, Каримов ўрнидан туриб, унинг ерини ишғол этди. Залдаги олқишлар унинг сўзга чиққани учунми ёки ўқитувчининг жасоратигами англаш мушкул эди.

Каримов олқишларни ўқитувчи учун деб ҳисоблади ва яна ҳам жаҳли чиқди. Шу сабабдан қисқа, аммо жўшиб гапирди.

-Биринчидан. Халқ ҳаракати номзодини рўйхатга олмаслик жиноят. Халққа қарши келадиган куч борми? Сиздан сўраяпман, шундай куч борми? -Залда гулдурос қарсак янгради. Баъзилар ўринларидан туриб, қарсак чалаётган эдилар. Каримов бироз залга киноя билан термулди-да, сўзда давом этди:-Иккинчидан, мустақиллик дея кўкрагига ураётганларга ишонманг. Сизнинг ҳақингизни кесиб, армия тузишга, чегара қўриқлашга ундашмоқда бизни. Бутун дунёдан узиб қўйишмоқчи бизни. Сув йўлимиз, темир йўлимиз борми? Бугун биз учун яккаю ягона йўл иттифоқ ичида қолиш, аммо ҳақларимизни ундириб олишдир. Московнинг бўйнидан бўғиб, сизнинг ҳақларингизни талаб қилсам, орқамда турасизми?

Яна қарсак сели ёғилди. Каримов энди бу олқишдан лаззатлана бошлади.

-Қилғиликни қилиб қўйиб, Московга қочиб кетганлар мажлисларда бурун ковлаб ўтирибдилар. Мен янги парламентнинг биринчи мажлисида Фарғона, Паркент воқеалари айбдорларини ўртага чиқараман. Бурунларига ип ўтказиб, тортиб олиб келаман ва сизнинг номингиздан ҳисоб сўрайман. Менга бу ваколатни берасизми? -Энди унинг ҳар бир жумласидан кейин қарсаклар тўлқин каби бориб келаверди. Халқ унинг бузиб айтилаётган калималарига эмас, ҳайқириб айтилаётган ифодаларига маҳлиё бўлган, умрида эшитмаган гапларини илк бор эшитаётгани учун тинимсиз олқишлаётганди.

-Биз мард халқ, лекин бизни ўғри, муттаҳам, порахўр дея айблашди. Ҳали ўша Гдлянларни мана шу ерга олиб келиб, суд қиламиз. Қамоқдагиларнинг ҳаммаси озод қилинади ва ўз вазифаларига қайта тикланади.

Каримов бармоғи билан биринчидан, иккинчидан дея санай бошлаганди, аммо қўлини мушт ҳолда минбарга ураётгани учун саноқдан ҳам адашди. Қарсақлардан сўнг минбардаги сувдан бир қултум ҳўпларкан:

-Хўш, нечанчи бўлди, ҳар ҳолда олтинчи бўлса керак, -дея чап қўлининг бошмалдоғини кўрсатиб, сўзда давом этди. -Бундан кейин пахтани ўзингиз экасиз, пулини ўзингиз ҳисоблайсиз, истасангиз пахта, истасангиз мева экасиз, истасангиз боғ ташкил қиласиз. Бундан кейинги шиоримиз: қишлоқ бой бўлмаса давлат бадавлат бўлмайди. Бугунгача вагонлар Московга тўлиб борган бўлса, бундан кейин вагонлар юртимизга тўлиб келади. Бундан кейин фарзандларимизни уруш бўлаётган жойларга хизматга юбориш йўқ. Ҳар бир аскар учун аввал кафолат истаймиз.

Еттинчидан, тартиб ўрнатиш баҳонасида келганларни келган жойига жўнатамиз. Битта чамадон билан келган бўлсалар битта чамадон билан қайтадилар.

Ва охиргиси: сайловлар ҳалол, пок, тўғри ўтиши учун мана мен кафолат. Бу сайловлар халқ сайловларидир!

Каримов гулдурос қарсақлар оғушида ўз ўрнига келиб ўтираркан, минбарга бир йигит югуриб чиқди.

-Халқимиз ҳақиқатдан ҳам мана шундай жасоратли, айтиб ташлаб қочмайдиган раҳбарга илҳак эди. Айтиш бошқа, бажариш бошқа. Ё, зулфиёр, ё, зулфиқор! Иккисидан бирисини танламоқ керак. Зулфиёрлик ёлғон ва хушомад йўлидир, зулфиқорлик эса ўткирлик, айтганини шартта кесишдир!

-Ким бу? -дея сўради Каримов.

-Бошимизнинг балоси, -деди Пўлат Мажидович. -Фелъетончи. Фақат танқид ёзади. Яқинда телевизорда ҳам бизни шарманда қилди. Исми Миртемир.

-Бу ерда нима иши бор?

-Мухбир сифатида келган.

-Унда мухбирлигини қилсин. Нега сўзга чиқади?

-Битта туманимиздан унинг ҳам номзодини кўрсатишган. Гапга чечанлиги учун халқни орқасидан эргаштириб олди. Чақириб гаплашдик ҳам бўлмади. КГБни ишга солдик, натижа бермади. Икки марта рўйхатдан ўтказмадик, учинчисида мажбур бўлдик…

Миртемир қисқа гапирди. Минбардан тушар экан, Каримов уни ёнига чақирди

-Ука, билиб қўй…

Каримовнинг гапи оғзида қолди. Залдагилар мажлис тугади деб ҳисоблашди, шекилли, юзга яқин оқсоқол юқорига чиқиб, Каримовни ўраб олишди.

-Бизнинг масалани ҳал қилиб бермасдан кетмайсиз! -Оқсоқоллар бирин кетин Каримовга ўз дардларини тушунтира бошладилар. Каримов вилоят биринчисига юзланди:

-Оқсоқоллар туманнинг биринчи котибини ишдан олишни истаяптилар. Уддасидан чиқа оласанми?

-Қийин. Унинг орқасида ҳам ана шунча оқсоқол бор.

-Чақир ўзини.

Бир тарафга чекиниб турган туман котиби Каримовнинг ёнига келди.

-Неча ёшдасан? -деб сўради Каримов ундан.

-Ўттиз бешда, -деди у.

-Ҳали тирранча экансан. Нега қорин қўйдинг? Думба ёғли палов ейишдан бошқа ишинг йўқми? Ё бу масалани тинчит ё аризангни ёз! Умуман орқага одам йиғиш одати қаердан чиқди? Уч кунда масала ҳал бўлмаса махсус тафтишчиларни юбораман ва сени асфаласофунга жўнатаман.

Туман ҳокими миқ этмай турди. Оқсоқоллар мамнун эдилар. Каримов уларнинг орасидан сийрилиб чиқаркан Пўлат Мажидовичга:

-Бироз қаттиққўл бўл. Буларни парчалаб ташла. Бундан кейин тўпланиб юришларига чек қўй. КГБнинг бу ердаги бўлимини кучайтир. Гуруҳларни эмас, шахсларни бир-бирига қайрасин. Туман биринчисини эса ишдан ол, -деди ва клуб яқинидаги майдончада турган вертолётга миниб, кўкка кўтарилди.

Заминдагилар вертолёт ортидан тикилиб қоларканлар кўнгиллари умидларга тўлганди. Аммо умидлари ҳам ана шу вертолёт билан бирга осмонга учганидан бехабар эдилар. Буни сезиш ёки ҳис қилиш учун эса бир неча йиллар керак бўлишини билмасдилар.

Уларнинг қалблари, фикрларини янги бир оғу тортанак уяси сингари ўраб ола бошлаганди. Бу тортанак уясининг иплари уларга нур бўлиб кўринаётган эди. Нур гўё вертолёт парраклари орасидан синмасдан ўтаётгандек туюлсада, аслида парраклар кўкдан ёғилаётган ёруғ нурнинг йўлини тўсган, заминга эса Каримовнинг “нур”лари оқиб келаётганди.

30. МАШВАРАТ

Ҳаво онийдан исиб кетди. Ойлардир ер устини қоплаб ётган қатлама муз икки куннинг ичида эриб, сувга айланди. Қиш кунлари сархуш одам каби шакарлама уйқуси остида қолган дарахтлар бирдан уйғонди. Қуёш жилмайиб қолганидан алданган дарахтларнинг шохларида ўсмирнинг сабза соқоли каби эрта уйғонга битта яримта куртаклар кўзга ташланиб қолди. Ҳаводаги ўзгариш одамларга ҳам кўчди. Палто-ю рўмолларини улоқтирган қизлар қор остидан бош кўтарган чучмомолардек кўзларга тиғдек санчилдилар. Кўкракларини очиб олган йигитчалар эса овга чиққан алпомишлардек кўчаларни тўлдирдилар.

Аммо бу ҳол узоқ давом этмади. Қор қандай эриган бўлса, худди ана шундай яна атрофни қоплаб олди. Шошқалоқ дарахтлару баҳорсевар йигит-қизлар хирчин совуқнинг игналарига дош беролмай яна яширинмоқ учун жой қидирдилар. Табиату одамларни замин деган майдонда ўйнатиб, тепадан томоша қилиб турган куч уларга нафақат ташқи томондан балки ичкаридан ҳам таъсир қилаётганди.

Эрта уйғонган дарахтлар боласини туширган онадек бўзларкан, одамларнинг фикру хаёлларида ҳам тўлқинсимон жумбуш бор эди. Ким асабий, ким эса янги фикрлар билан қайнашган, яна кимдир пихиллаб қолган бурнининг ташвишида…

Ҳамма ёққа ёйилган грипп Каримовни ҳам четламади. Оташи юксалгани, суяклари синқираб оғриётгани, товуши бироз хириллаб, бурни битиб қолганига қарамай сессияга тайёргарлик кўраётганди. Қаттиқ тазйиқларга қарамай бир неча вилоятда рўйхатда бўлмаган кишиларнинг сайланиб қолишлари уни роҳатсиз этаётганди. Шу дамда суякларининг оғриғи эмас, юрагининг аллақаеридаги санчиқ унинг хаёлларини туптугундек ўзига боғлаб олганди. Аммо бу оғриқ юрагининг бирор бир еридаги хасталик аломати эмас, балки бу қадар ҳаракатларидан кейин ҳам парламентга кириб қолган “бегоналар” дардининг белгиси эди.

Икки кун олдин бюрода бир қанча раҳбарларнинг фаолиятига нуқта қўйди. Кейин бу масалани Компартия пленумига олиб чиқди. Баъзиларининг бошидан қайноқ, айримларнинг бошидан эса совуқ сув тўкди. Лекин юраги жойига тушмади. “Нега? Нега?” -деган савол кўкрагида гуп-гуп уриб турарди. Ҳар қанча уринмасин уни тинчита олмаётганди. Парламентдаги арифметикани, яъни овозлар ҳисоб-китобини қайта-қайта кўздан кечирди. Бегоналар бор-йўғи беш фоиз. Аммо бутун тарих бўйинча урушларни, инқилобларни, давлат тўнтаришию исёнларни аксариятнинг беш фоизи ҳал қилган.

Қаерда хато қилдим, дея ўйларди Каримов. Энди хатони тузатишга кеч. Бу беш фоизнинг йўлини тўсишим керак. Вилоятларда тикан симли тўсиқни ёриб ўтишди. Бу ерда шундай тўсиқ қўйишим керакки ҳам қўллари, ҳам оёқлари ва энг асосийси оғизлари боғлансин.

Каримов янги иш бошлайдиган Олий Кенгашнинг биринчи сессиясидаги нутқу маърузалар, иш тартибию тушликда бериладиган овқатлар рўйхатига қадар синчковлик билан чиғирдан ўтказди. Гарчи Москов сессия олдидан одатга кирган вакиллар йиғилишини ўтказмаслик ҳақида исрорли бўлса-да у бунга риоя қилмади. Вакиллар йиғилишига “бегоналар”ни ҳам чақиртирди.

-Яна бир соатдан кейин мамлакатимиз тарихида биринчи марта бўлиб ўтган эркин сайловлар натижасида сайланган депутатлар иштирокида илк сессияни бошлаймиз, -деди у кичик залда тўпланганларга. -Бу ерга нафақат раҳбарларни балки ўз кучи билан сайланганларни ҳам чақирдик. Халқимизнинг яхши одати бор, тўйдан олдин оқсоқоллар йиғилиб маслаҳат қилишади. Бу ҳам парламентнинг оқсоқоллар маслаҳат кенгашидир. Халқнинг олдига чиқиб бақир-чақир қилмасдан, нима гапимиз бўлса ана шу ерда келишиб олайлик. Айниқса ўз кучи билан сайланган дўстларимиз кун тартиби, тузилажак комиссиялар ҳақида фикрларини айтсинлар.

Мажлислар зали кичик бўлса-да ҳар ер ҳар ерга бир микрофон ўрнатилганди. Биринчи бўлиб Тўлқинжон деган йигит сўз олди.

-Менинг ва ёнимда ўтирган укамиз Миртемирнинг сайловолди дастурида адолатсизликка қарши кураш асосий масала қилиб қўйилган. Кейинги вақтда Москва халқимизга нисбатан аянчли равишда бўҳтон ёғдирди. Москвага биринчи зарба сифатида узоқ йиллар жумҳуриятимизни бошқарган марҳум Рашидов номини оқлаш масаласини сессия кун тартибига киритишни сўрайман.

-Бу парламентга оид масала эмас. Уни партия қоралаган. Керак бўлса партиянинг ўзи кўриб чиқсин. Парламент бундай масалалардан баландда туриши керак, -деди Каримов. Лекин зарда билан гапирганини ҳис қилди ва олдиндан кўнглига туйганидек ўзини юмшоқ қилиб кўрсатишга уринди. -Мен шу партиянинг раисиман. Бу масалани сиз ҳам Миртемиржон ҳам менга топширинглар. Иншоллоҳ, партия кенгашларининг кун тартибига киритаман.

Тўлқинжон ўтираркан микрофон ёнига Миртемир келди:

-Кейинги вақтда жумҳуриятимиз тарихида юз қораси бўлиб қоладиган воқеалар содир бўлди. Булардан биринчиси, Фарғона фожеаси. Ака-укани бир-бирига қарши қўйдилар. Фитна, иғвогарлик уруғини сочдилар. Иккинчиси эса, Паркент воқеалари. У ерда ёш йигитлар тимсолида миллатимизнинг келажаги ўққа тутилди. Бу масалалар очилмай қолди. Учинчидан, цензура деган жаллод ҳамон матбуот устида қиличини қайраб турибди. Ҳатто сайлов олдида номзодлар ўз қарашларини очиқ ифода этолмадилар. Тўртинчидан, баъзи жумҳуриятлар мустақил бўлиш учун курашаётган бир пайтда биз Иттифоқ шартномасининг ташаббускори сифатида ўртага чиқдик. Яъни бўйнимизга тош боғлаб, ўзимизни қудуққа отаяпмиз. Халқ эса бу ҳаракатнинг моҳиятидан бехабар. Ва ниҳоят, биринчи мажлисданоқ парламентни партия пленуми ёки колхоз қурултойи ҳолига солиб қўймаслик учун унинг елкасидан қурувчи деган юкни олиб ташламоқ керак. Депутатлар йўл қурилиши ёки боғча қурилишини эмас, сиёсий масалаларни тортишмоқлари зарур. Мажлисларимиз жонли равишда телевидениеда кўрсатилиб турилсин. Халқ ўз вакилларига ўзи баҳо берсин…

Бу бола ростдан ҳам бош балоси экан, деб ўйлади Каримов. Ҳозирнинг ўзидаёқ оғзига латта тиқиб қўйишим мумкин. Лекин ўша латтани қайтариб ўзимнинг оғзимга тиқиб қўйса-чи? Ади-бади айтиб ўтирсам шарманда бўламан. Гапга чечан экан. Саволларига жавоб топиб беролмасам, обрўйим тўкилади. Шунинг учун индамай тинглашим керак.

Миртемир Каримовнинг хаёл сураётганини сезгандек унинг исми шарифини тилга олиб, таклифини унга йўналтирди:

-Қўлимизда парламент комиссияларининг рўйхати бор. Мен унга Ошкоралик комиссияси қўшилишини ва юқоридаги масалаларни ойдинлатиш унга юклатилишини таклиф қиламан.

Каримов Ҳамидовга қаради. Ҳамидов “Бўлади, кейин ўйлаб кўрамиз” дегандек бош ирғади.

-Раҳмат, бу таклифингиз учун, -деди Каримов Миртемирга. -Сессияда ҳам бу таклифни ўзингиз ўртага отинг, биз эса қўллаймиз. Раиси ва аъзолари ҳақида эса мана ўртоқ Ҳамидов ўйлаб кўрсинлар.

Шу пайт сочлари тўкилган ўрта ёшлардаги бир киши микрофонга яқинлашди. Бу шоир Эркин Воҳидов эди.

-Мен мазкур комиссияда хизмат олишга тайёрман, -деди у.

-Сизга ўхшаган инсонлар юз йилда бир марта туғилади. Мен бу фикримни сессияда ҳам такрорлайман. Биз ҳам сизга бу комиссияни ишониб топширишга тайёрмиз, -деди Каримов. -Биз олдимизда катта мажлис борлигини унутмаслигимиз керак. Шу боисдан таклифларни қисқа-қисқа айтайлик.

“Бегоналар” бирин-кетин ўз таклифларини айтдилар. Шундан кейин Каримов вилоят биринчиларига қарата:

-Ҳар бирингиз сувчи қулоқ бошида ўтирганидек вилоятингиз депутатлари билан бирга бўлинг. Сиздан пода боши бўлишингизни истамайман. Депутатларингизни бошқа томонга бошқарманг. Сиздан тўда боши бўлишингизни истайман. Депутатларингизни бир жойга тўдалаб ўтиринг. Бу ҳам талаб, ҳам буйруқ ва истасангиз, илтимос ҳам. Бу синовдан муваффақиятли ўтишингизга ишонаман. Чунки биз бир командамиз, бир эшелонмиз. Ажралиб қолган вагон эса ёлғиз қолиб кетади, -деди.

Шундан кейин Каримов барчани катта залга даъват этди.

31. ТЎРТ КАЛИМА

Мажлис зали ҳайитона тус олганди. Янги сайланган миллатвакиллари очилишга ҳозир бўлган гул ғунчасини эслатарди.

Эркакларнинг сочлари пирил-пирил ярақлаб тургани, соқоллари алоҳида эътибор билан олингани учун юзларидан кўркамлик уфур ураётгани, деярли ҳаммаси бошдан оёқ янги кийим кийгани дарҳол диққатни тортарди.

Хотин-қизлар ҳам қимматбаҳо ва хушбичим кийимларини илк бор шу мажлисга кийиб келганлари улар кўзларининг таги билан бир-бирларини кузатаётганларидан ҳам маълум эди.

Умрида галстук-бўйинбоғ боғламаган отахондан тортиб, ҳаётида илк бор тўпиғи баланд туфли кийган қизга қадар ўз ҳолларидан мамнун эдилар. Уларнинг нафақат ташқи кўринишлари балки ички дунёларида ҳам қишнинг ўртасида қуёшга алданган борлиқ каби уйғониш ҳисси, умид япроқлари қимирлаётганди. Шу дамда ҳамманинг юзига урган умумий ички туйғуси бор эди: мағрурлик. Бу ҳис қалбларида гулхан бўлиб ёнаркан айни пайтда юзларини ҳам ёритаётган, кўзларидан нур бўлиб атрофга оқаётганди.

Хоҳ буюртма билан сайланган, хоҳ таниш-билиш билан рўйхатларга кирган, хоҳ курашга отилган миллатвакилларидан қайси бирига назар солсангиз ўзини катта ишлар олдида масъулиятли ҳис этишга чоғланганини кўрасиз. Бу ҳолнинг табиий ёки сохта эканлигини бир қарашда англаш мушкул. Аммо уларни илгаридан таниган одам бу ўзгаришни одим отишларида, атрофга разм солишларида, ҳатто салом-алик жараёнида бўртиб чиққанини сезиб олади. Қайси бир маънода миллатвакиллари шошиб қолганга ўхшардилар.

Каримов залга кириб келар экан, кимдир ўрнидан турди, кимдир эса ўз хаёллари оғушида севинч сўқмоқларида югуриб юрарди, яна кимдир тарки одат амри маҳол дегандек, мажлисларда ўрганиб олгани каби жон-жаҳди билан қарсак чаларди.

Мажлислар залининг кўринмас, аммо ҳис қилажак салобати бор эди. Каримов буни бир неча йил олдин бу ерга илк бор келганида сезганди. Вақт ўтиши билан бу салобатга ўрганиб қолган бўлса-да залдаги нотаниш нигоҳлар билан қўшилиб, бу куч уни яна мағлуб этди. Бирдан тиззаси титраб, қўлларининг пайи бўшалди. Эсанкираб қолган одамдек зинага қандай оёқ босишни билмай қолди. Баъзан бир, баъзан эса икки зинапояни ҳатлаб, минбарга чиқди. Бирданига фикрида чақмоқ чақнади. Янглишганди. Чунки мажлисни у эмас Марказий сайлов комиссиясининг раиси очиши керак эди. Шу боис оний бир ҳамла билан орқага қайтди ва пастга тушиб биринчи қатордан ўзига ажратилган ўриндиққа “чўкди”.

Марказий сайлов комиссиясининг раиси миллатвакилларини табриклагач, сўзни фахрий раисга берди. Каримовнинг тавсияси билан пойтахт ижроқўмининг раиси Ҳошимов парламент раиси ва комиссиялар аъзолари сайлангунга қадар мажлисни бошқариш учун ваколатли қилинган эди. Ҳошим Ҳошимов ёши етмишга етиб қолгани учун ёзиб берилган сценарийни аранг ўқиркан, залда аввалига енгил кулги, кейин эса норозилик аломати ўлароқ ғала-ғовур бошланди. Аммо ҳеч ким бу норозилигини очиқ айтишга журъат қилмади. Биринчи бўлиш ҳамма вақт қийин, чунки биринчи бўлишнинг ортида ё мақтов ёхуд танқид, ё қаҳрамонлик, ёхуд хоинлик каби тамғалар ётади. Шу боис кўпчилик норозилигини ёнидаги шеригига айтиш билан кифояланади.

Залдаги ғала-ғовур тинмас экан, Миртемир ўрнидан турди:

-Менда таклиф бор.

Етмиш йиллик умрида сценарийдан четга чиқмаган Ҳошим Ҳошимов учун бу бир зарба бўлди. У бошини кўтарганча Миртемирга тикилиб қолди. Миртемир эса у эшитмади, шекилли, деб ўйлади-да, гапини такрорлади. Ҳошим Ҳошимов нима қилай, дегандек Каримовга қаради. Унинг ҳолидан Каримовнинг ҳам жаҳли чиққанди, шекилли, бошини хам қилганча, ўз ёғингга ўзинг қоврил дегандек индамай ўтираверди. Залдаги шовқин-сурон масхараомуз тус олди. Баъзилар кўпчиликка эшиттириб кула бошладилар. Баъзилар эса ёнларидаги шерикларига баланд овозда шикоят қила бошладилар. Каримовнинг асаби дош бермади. У ўрнидан туриб, минбарга чиқди ва фахрий раиснинг ёнига ўтирди.

Яна у деб ўйлади Миртемирга қараб. Ўзини кўрсатиб қўймоқчими ёки мансаб учун ўйин бошлаяптими? Балки телевизордан халққа кўриниб машҳур бўлмоқчидир? Ёки буни атайлаб тайёрлашганми? Икки оғиз илиқ гап билан ўтқазиб қўйсаммикан? Йўқ, бундайлар бетга чопар бўлади. Мана бу латтанинг қилғилиги учун ҳам мени айблайди. Қани, эшитиб кўрайчи, нима таклифи бор экан?

-Нима таклифингиз бор эди?

-Биринчидан, кичик залдаги микрофонлар катта залга ўрнатилса, нур устига аъло нур бўлади. Иккинчидан эса, фахрий раисни алмаштириб, мана бу ғала-ғовурга чек қўйиш керак.

-Мен ичкаридаги етти-саккиз таклифингизни яна такрорлаяпсиз деб ўйлагандим. Биринчи таклифингизга қўшиламан. Дарҳол қатор ораларига микрофон қўйишсин. Иккинчи таклифингизга ҳам қўшиламан. Мажлис рухсат берса, бу ишни мен давом эттирсам.

Каримов мажлисдан рухсат ҳам олиб ўтирмасдан раислик қила бошлади. Ҳошим Ҳошимов эса елкасидан тоғ тушган одамдек енгил тортиб, Каримовнинг ёнида савлат тўкиб ўтираверди. Парламентга кимнинг раис бўлишини ҳамма биларди. Чунки икки кун олдин Компартия кенгашида Иброҳимовнинг номзоди раисликка кўрсатилган ва бу матбуотда эълон қилинганди.

Мирзаолим Иброҳимов эсини таниган кундан буён партиянинг эшикларидан кириб-чиқиб юрибди. Ёши нафақа олишга етганда парламент раислигига номзоди кўрсатилди. У ҳақда аввал Каримовнинг ўзи гапирди, кейин олдиндан тайёрлаб қўйилган маърузачилар сўзга чикдилар. Иброҳимовни шу қадар мақтадиларки, ҳатто Каримовнинг кўнглида ҳасад уйғонди. Коммунист партиясида иш эмас, фаолият эмас, таржимаи ҳол муҳим ўрин тутарди. “Бегона” миллатвакиллари эса Иброҳимовни танимас ҳам эдилар. Балки шу сабабданми унга ҳатто савол ҳам берилмади. Йўлига бўлса ҳам сайлов ўтказилди. Ундан кейин навбат ўринбосарларига келди. Каримов биринчи ўринбосарликка Бугровнинг номзодини кўрсатди.

-Бугров давлат тилида гапиришни биладими? -дея луқма ташлади кимдир.

Ҳамма овоз келган томонга қаради, лекин ким луқма отганини билишмади. Луқма отган Шовруқ Рўзимуродов эди. Каримов ҳам у ўтирган томонга олазарак нигоҳларини қадади, гапни узатиб ўтирмаслик учун Бугровга мурожаат қилди. Бугров минбарга чиқди:

-Салям-аляйкум, аз-аз биляпмиз… урганяпмиз, -деди Бугров.

Каримов мамнун бўлиб қарсак чалди. Залдагилар ҳам унга қўшилишди. Ҳатто баъзилар “Офарин, ўғил бола экан, тилимизни ўрганиб олибди”, дея бақириб ҳам юбордилар. Бугров эса шу тўрт калимадан бошқасини билмасди. Аммо унинг раис ўринбосари бўлиши учун шу тўрт калима кифоя эди.

32. МУҲАРРИР

Парламент комиссиялари аъзоларини сайлаш ҳам Каримовнинг ибораси билан айтганда силлиқ ўтди. Бироқ унинг кўнглини оғритган нарса иккинчи кун юз берди.

Каримов эрталаб муҳаррир Аҳмаджон Мухторов билан бирга чой ичаркан:

-Масала кун тартибида йўқ. Асли у сизнинг ташаббусингиз. Мен ҳам ўйлаб юргандиму лекин қарор қилмагандим. Сиз хаёлимдаги хом нарсани пишитдингиз. Энди мажлисга ҳам ўзингиз олиб чиқасиз. Қолаверса, сиз юқоридан меҳмон бўлиб келдим десангиз, СССР Халқ депутати сифатида тарафсиз киши эканлигингиз кўринади, -деди унга.

-Уч-тўртта маҳмадана бола ўтиб қолганга ўхшайди. Шу боис ўзимизнинг одамлардан сўзга чиқувчиларни тайёрлаш керакмиди?

-Бу ёғини бизга қўйиб беринг.

-Барибир ҳам уларнинг нутқларига бир кўз ташласам ёмон бўлмасди. Бирор курмак ўтиб кетмасин дейман-да.

Каримов костюмининг ён чўнтагидан бир даста коғозни олиб муҳаррирнинг олдига ташлади. “Юрагига яқин олиб юрган экан” деган фикр муҳаррирнинг хаёлидан яшин тезлигида лип этиб ўтиб кетди.

-Бу нусхалари. Агар жиддий гап чиқиб қолса, менинг номимдан ўзларига айтасиз. Ёки Бахтиёр Назаровга айтасиз. -деди Каримов.

Ким бўлди экан бу, деб ўйлади муҳаррир. Ҳа, топди. Адабиётшунослик институтининг директори эди. Маслаҳатчиликка олинибди. Демак, маърузаларни у ёзаяти. Қизиқ, қандай қилиб Каримовнинг назарига тушди экан? Ким тавсия қилиши мумкин? Нега Каримов бу ишни менга топширмади? Балки кичкина иш деб ўйлагандир ва овора қилгиси келмагандир? Ёки мажлисга янги руҳ, янги гап олиб келмоқчи бўлдими? Ёки менинг ёзиш услубим унга маъқул келмадими? Ундай бўлса сайловолди нутқини қайта-қайта эълон қилдирармиди? Бугунги мажлисга атайлаб даъват этармиди? Муҳаррир нутқларни ўқиётганга ўхшаб кўринсада, аслида Бахтиёр Назаров жумбоғини чўзиш билан овора эди. Унинг фикрини Каримов бўлди:

-Буларга кўп ҳам эътибор берманг. Асосий гап сизники.

-Ҳа, игначининг минг ургани темирчининг бир ургани билан баробар демоқчисизда.

-Мажлисда ҳам ана шундай мақоллардан уч-тўрттасини кетма-кет ишлатиб юборсангиз ҳаммани мот қиласиз. Умуман, мақолни кўпроқ қўллаш керак. Менга ҳам беш-олтита тўплаб бериб қўйинг. Халққа пул эмас, нон эмас, сув эмас ёқадиган гап керак. Гап билан ҳам қорнини, ҳам кўзини, ҳам қулоғини тўйдириш мумкин. Мақол эса тўйимли озуқа.

Муҳаррир қорин билан қулоқни тўйдиришга тушунди-ю, кўзни қандай қилиб тўйдиришга тушунмади. “Озуқа” деган сўз ҳам унга оғир ботди, чунки мақолни озуқа, халқни эса ҳайвон ўрнига қўймоқда деб ўйлади. Аслида эса Каримов “озуқа” билан “озиқ-овқат”ни айни маънони ташиган сўзлар деб тушунарди. Муҳаррир ҳозир англатиб ўтирадиган пайт эмас, деб ўйлади-да, кўнглидаги бошқа саволни ўртага ташлади.

-Назаримда расмият учун бўлса ҳам ҳукумат раиси лавозимини сақлаб қолиш керак. Бутун дунёда шундай лавозим бор. Аммо асосий ваколатни ўзингиз қўлга оласиз. Шу сабабдан бу номзодни ҳам ўйлаб қўйиш керакмикан?

-Тўғри, -деди Каримов. Гарчи буни ўйлаб қўйган бўлса-да муҳаррирга. -Хўш сиз кимни тавсия қиласиз, -деди.

-Мираброр ака яхши ишлаб турибдилар. Аммо парламент янги, ҳукуматга ҳам янги қон бериш керак. Қолаверса, дўстингиз Шукрулло Мирсаидов энг яхши номзод. Олий кенгаш раиси Водийдан, ҳукумат раиси пойтахтдан бўлса, мувозанат сақлаб қолинади. Ҳар доим шунга риоя қилинарди.

Бу мен ўйлаб юрган гапларни ё баъзи жойлардан эшитиб олган ёки ҳақиқат шу бўлгани учун фикримиз бир жойдан чиқаяпти, деб ўйлади Каримов. Ҳозир индамасам, кейин менинг айтганимни қилди, деб кўкрагига уриб юради. Шунинг учун ҳозирнинг ўзиёқ тўғонни бостиришим керак. Бу одам таҳликали, унга ишониш қийин. Йўқотиш учун яқинлаштираяпман уни. Менимча раҳбарликнинг энг яхши усулларидан биридир бу. Кадрларни бирор бир лавозимда узоқ ушламаслик керак. Йўқотиш учун аввал яқинлаштириш, сир асрорини ўрганиш ва нозик жойига ўнгланмайдиган қилиб тепиб юбориш даркор. Мана буни эса ҳозир севинтирмоғим керак. Ўшанда мажлисда яна ҳам илҳомланиб гапиради…

-Сизга тобора қойил қолаяпман, -деди Каримов муҳаррирга. -Аҳмаджон ака ё фариштасиз ёки илоҳий одамсиз…

Муҳаррир “фариштасиз” калимасининг икки маъноси борлигини ўйлаган бўлса-да лекин Каримов уни фаришта деяётганига шубҳа қилмади. Каримов эса сўзда давом этди:

-Мен ўйлаб турган нарсани фолбиндек айтиб бердингиз. Сизни менга Худонинг ўзи юборди. Бир умр ака-укадек ёнма-ён яшаймиз. Юлдузни истасангиз узиб бераман. Узолмаган такдиримда нарвон қўйиб бераман, ўзингиз чиқиб узиб оласиз.

-Сиз ҳам шоир бўлиб кетдингиз.

-Тилни яхши ўрганиб олай, шеър қандай ёзилишини кўрсатиб қўяман буларга…

Муҳаррир “булар” кимлигини тушунмади. Кимларни назарда тутаяпти экан? Балки шоирлар билан гапи қочиб қолдими? Аммо шоирлар орасида бунга қарши чиқадигани йўқ-ку? Ҳа, топдим. Уч-тўртта ёш шоир мухолифат байроғини кўтариб юрибди. Бунинг юрагига улар ғулғула солишган. Бу қадар нутқларга эътибор қилаётгани, мажлисдан бу қадар чўчиётгани ҳам ана шундан. Лекин ёмон одамга ўхшамайди. Кўп гапи самимий. Агар гаплари ёлғон дейдиган бўлсам, бошдан оёқ ҳамма гапига ишонмаслигим керак. Айтганини қилаяпти. Менинг айтганимни ҳам қайтаргани йўқ. Минг марта шукур қилиш керак. Илгаригилар бизга ўхшаганлар билан мана шундай чой ичиб ўтиришармиди? Балки ичишгандир ҳам. Биз қаёқдан биламиз? Мана бизнинг бирга нонушта қилганимизни ким билади? Нима бўлганда ҳам бу менинг ёрдамимга муҳтож. Муҳтожни эса остонадан ҳайдамайдилар.

Каримов муҳаррирдан “изн олиб” мажлис залининг орқасидаги бошқа хонага ўтди. Муҳаррир эса газета таҳририятига сим қоқиб, ўринбосарини чақирди.

Нутқларни ўқиб бўлгунча ўринбосар етиб келди.

-Кечирасиз, рухсатномам бўлишига қарамай ичкаридаги хоналарга киритишмади. Бироз тортишдик.

-Ҳечқиси йўқ, Анваржон, мана бу нутқларни бировга кўрсатмасдан теришга беринг. Мана бу эса менинг нутқим,-у чўнтагидан ўзи қоралаб қўйган саҳифаларнинг нусхасини олиб муовинга берди. -Биринчи саҳифанинг сарлавҳаси “Президентлик мустақилдир!” бўлсин. Ўттиз олтилик шрифтда ёздиринг. Ҳарфлар қуюқ-мойли бўлсин. Сарлавҳа остидан Каримовнинг байроқ ёнида турган расмини жойлаштиринг. Мана бу нутқларни эса оч бўёқли ҳарфларда тердиринг. Мен остини чизган жумлалар катта ҳарфлар билан ёзилсин. Тайёр бўлгач, саҳифани шу ерга олиб келинг, мен яна бир марта ўқиб бераман.

-У ёқда бошқа газетадагилар ҳам кўриб қолишлари мумкин.

-Кўрсалар кўрарлар. Ойни этак билан яшириб бўлмайди. Зотан,  раҳбаримизнинг мустақил бўлиши таклифини тушдан кейин мен ўзим киритаман. Нафақат бошқа газеталар, Московдагилар ҳам эшитади. Шу боис русча хабар тайёрлаб қўйсангиз, уларга ҳам ўзимиз жўнатамиз.

Анвар “хўп-хўп” деганча муҳаррирдан айрилиб, кириш эшиги ёнида турган Мавлоннинг ёнига борди:

-Аҳмаджон ака мана бу нутқларни бердилар. Газетанинг сарлавҳаси ҳам тайёр. Масала мажлисда кўрилмасдан миш-миш тарқалиб кетмасмикан?-деди у Мавлонга секингина.

-Ҳозир Ислом ака бизларни қабул қилмайди. Фақат КГБнинг раиси у кишининг олдига кириб чиқиши мумкин. Кечикмасдан бу гапни унга айтинг.

-Қандай бўларкин?

-Нима, ўз раҳбарингиздан чўчийсизми?

Анварнинг ранги оқариб кетди. Нима дейишни билмай қолди.

-Қўрқманг, қўрқманг, мендан бошқа ҳеч ким билмайди. Сизни мен ўзим таклиф қилганман-ку. Кўнгилни тўқ қилинг, жўражон. Бундан кейин бирга ишлаймиз. Менинг билишимдан фақат Каримов хабардор. Ҳозир эса тезроқ боринг, кечиктирманг!

Мавлон ўринбосарнинг елкасига уриб қўяркан, жилмайиб қўйди. Ўринбосар ҳам унга жилмайиш билан жавоб қилди-да, кўздан ғойиб бўлди. Мажлис биносида КГБ учун ажратилган махсус хона бор эди. У ерга ҳар ким ҳам кириб чиқа олмасди. Анвар шу хонанинг ёнига келди -да, эшикни тақиллатди. Ичкаридан “ким”деган овоз эшитилди.

-“Қишлоқ Ҳақиқати”… ўринбосар…

Эшик очилиб, новча йигит кўринди. Ўринбосар қандайдир ҳужжатни йигитга кўрсатди-да, ичкарига кирди.

-Тез бориб залдан раисни чақириб келинг! -деди Анвар.

Бир лаҳзада йигит ташқарига чиқиб кетди ва орадан ҳеч нарса ўтмай Мелкумов остонада кўринди. КГБ раиси ичкарига кирди, йигит эса эшикни ёпиб, ташқарида қолди.

Мелкумов ўринбосарнинг қўлидаги қоғозларни дарров нусхалади. Нусхалаш аппаратидан чиққан варақларни йиғиштириб, хонадан отилиб чиқиб кетди. Орқасидан кузатиб қўйган йигит қайтиб келди-да Анварга “Чиқаверинг, ҳеч ким йўқ” ишорасини берди. Анвар  эшикдан чиқаркан, аввал чап, кейин ўнг томонга назар солди-да, мажлис залига олиб борадиган йўлак бўйлаб юриб кетди.

КГБ раиси воқеани Каримовга тушунтириб бераркан:

-Булардан бир нусхасини ўринбосар олиб кетди. Қўлидан олиб қўйишим тўғри бўлмасди. Гап-сўз кўпаярди,-деди.

-Нима қилсанг қил, ҳозирча ҳиди чиқмасин. Москва эшитиб қолса, қўрқадиган жойим йўқ. Лекин радио-телевидение жар солиши мумкин. Иш битгандан кейин ўзларини осишса ҳам фарқи йўқ. Ҳозирча эса ўринбосар ёнида сақласин.

Каримовнинг планига кўра бу иш парламентда тасодифан ўртага чиқиб қолиши ва унинг йўқ дейишига қарамай мустақил раҳбар сифатида сайлаб юборишлари керак эди. Москвага ана шу жавобни тайёрлаганди. Шу боис ҳам Аҳмаджон Мухторовнинг ишидан ранжиди.

-Унга кўз-қулоқ бўлинглар. Айниқса туш пайтида ёлғиз қолдирманглар. Мавлонга айт, ёнидан қимирламасин. У билан ҳисоб-китобни эса вақти келганда қиламиз. Ҳозирча эшагимизнинг жилови унинг қўлида…

Бу воқеа Каримовни саросима ҳолига туширди. Ўзини қўярга жой тополмай қолди. Аммо узоқ ўйлаб ўтирмади. Раисни чақирди-да:

-Тушдан кейинги масалани ҳозир ҳал қиламиз. Ўзингиз ана у муҳаррир билан гаплашинг, мажлисни очишингиз билан сўзга чиқсин. Қолганларни ҳам огоҳлантириб қўйинг,- деди.

Раис чиқиб кетар экан, Каримов ўн марта ўлгандан бир марта ўлган яхши деб ўйлади. Бўладиган иш қанча олдин бўлса, шунча яхши. Чўзиб ўтираманми? Ишқилиб ана у тирранчалар қопишиб ўтирсин-да. Тушдан кейин бўлганда анча чарчаб қолишарди. Бунинг устига тушликни ёғлик қилиб буюргандим, Анҳорнинг бўйида мазза қилиб бугунгача тушларига ҳам кирмаган овқатларни еб олишгач, мажлисда қоринларини силаб, мудраб ўтиришарди. Бу аблаҳнинг режамизни бузиб қўйгани ёмон бўлди.

Эшик очилиб Крайнов кўринди.

-Бошлади, -деди у.

Каримов апил-тапил ўрнидан туриб, минбарга олиб чиқадиган йўлакдан ўтиб, ўз ўрнига келиб ўтирди. Бу пайтда Аҳмаджон Мухторов югурганча минбар томон ошиқаётганди. Бўйи калта бўлгани учун минбар унинг вужудини бўйнига қадар “яширди”. Залда ўтирганлар фақат бошини кўра олардилар, холос. Бунинг устига микрофонлар ҳам баландда эди. Аҳмаджон ака сўзга чиқавериб, бу ишнинг ҳавосини олгани учун, шошмасдан микрофонларни пастга туширди ва томоғини қириб, йўталган каби манзара яратди-да ўзига хос оҳангда дона-дона қилиб гапира бошлади:

-Мен сизларнинг ҳукмингизга ҳавола этмоқчи бўлган масалани узоқ ўйладим. Ҳатто фикрларимни қоғозга ҳам туширдим. Лекин бу қоғоздан ўқиб бериладиган гап эмас. -Аҳмаджон ака бу билан ўзидан кейин сўзга чиқадиганларни қийин аҳволга туширди. Улар бунга парво қилмасдан нутқларини ўқиб берсалар, унинг сўз бобида моҳирлиги яққол кўзга ташланади. Ўқиб бермасдан эркин гапиришга уринсалар, барибир унинг каби сўзларнинг “қош-кўзини” бўяй олмайдилар. Ҳар икки ҳолда ҳам зафар уники. Бу фикрни у олдиндан ўйлаб ҳам кўрмаганди. Аммо шу лаҳзада хаёлининг қайси бир сўқмоғидан ана шу фикр ўтгани учун бир зум гапиришдан тўхтаб, залдагиларга термулди ва жилмайди. Уларни интиқ қилмоқчи бўлгандек минбарнинг ўнг тарафида турган бардоқдаги сувдан бир қултум ичди ва сўзда давом этди:

-Жумҳуриятимиз тарихида бугун илк бор жасоратли қадам ўртага отилиши керак. Миллатимизни ҳақоратлашди, маданиятимиз, анъаналаримизни оёқ остига олишди, устимиздан кулишди, кийган тўнимиздан дўппимизга қадар масхара қилишди, ишонган тоғларимизни ўғри дея муттаҳамни олиб қамагандек таҳқирлашди, хотин-қизларни терговга тортишди, шараф ва номусларини ерга уришди – биз эса жим. Етар! Бу юк тегирмон тошидан ҳам оғир. Агар бу юкни кўтарган тақдиримизда тегирмондан ун келадиган бўлса, келмасин. Очимиздан ўлсак ўлайлик. Аммо тегирмонга сув қуяётганларнинг ўйинчоғига айланмайлик…

Каримовнинг кўзига залда ўтирганлар қулоқларга айланиб қолганга ўхшаб кўринди. Бу қулоқлар динг бўлиб, микрофондан келган сўзларга асир тушганди. Каримов ҳам вужудида қандайдир титраш ҳис этди: Қани эди мен ҳам ана шундай гапира олсам, одамларни титратсам. Ҳа, у шу пайтда ўзи севмаган одамга ҳам ҳасад, ҳам ҳавас қилаётганди. Ҳасад ва ҳаваснинг қоришиқ туйғуга айланиши уни хаёл йўлакларига етакласа-да, ортга қайтишга мажбур эди. Чунки микрофондан такрор-такрор унинг исми эшитилмокда.

Аҳмаджон ака эса унга чин юракдан ишонган ва самимийлигига тан берганидан илҳом билан гапирарди:

-Агар президентлик тизимини жорий қилсак ва ўз раҳбаримизни мустақил дея эълон этсак, Московда халқимиз номидан гапира оладиган ва халқимизнинг нафақат шараф-номусини балки манфаатини ҳам ҳимоя қила оладиган кучга эга бўламиз. Бугунги сиёсий шароитда кучсизнинг чумоли қадар аҳамияти йўқ. Олтинларимиз ташиб кетилмокда, пахтадан тоғлар бунёд этиб, кафан қидириб юрибмиз, Оролни қуритиб қўйиб, келажагимизни даҳшатли таҳликага рўбарў қилдик, қишлоқларимиз хароб, болаларимиз ва оналаримиз оч, далаларда ишлашдан бошқа нарсани билмайдилар, яна биз ёмон. Ҳа, бошини эгган инсон ҳам калтак ейди, ҳам ҳақини бой беради. Шу сабабдан бугун халқимизнинг виждони бўлган бу парламент ўз овозини чиқарсин. Жумҳуриятимиз раҳбарига мустақиллик бериш ва унинг ваколатларини кенгайтириш тарихимиздаги буюк инқилоб бўлади. Бугун бу қарорга имзо отсак, келажагимиз учун имзо отган бўламиз. Бу билан Московдаги тўраларнинг қаршисига ўзимизнинг жасоратли раҳбаримизни чиқарган бўламиз! Бу билан орзуларимиз амалга ошадиган курашга майдон очган бўламиз! Сизни бу масалани кун тартибига киритишга ва қўлингизни кўкрагингизга қўйиб, виждон ҳаққи қарор беришга чақираман!

Аҳмаджон Мухторов гулдурос қарсакларга ҳамоҳанг одим ташлаб, ўз ўрнига бориб ўтирди. У шу лаҳзада айтган гапларидан ифтихор туяр ва бундан ҳали минг марта пушаймон бўлиши эса хаёлига ҳам келмасди. У мана шу гаплари билан ўзининг келажагига парда тортгани ва ўз ажалини тахтга миндираётганидан бехабар эди.

Каримов эса шу дамда хаёлга ботган одамнинг кўринишини бермоқчи бўлгандек, бошини хам қилганча бармоқлари билан столни чертарди.

Раис Мирзаолим Иброҳимов  севинчдан учаётган қуш каби енгил эканлигини кўрсатмоқчи бўлди, шекилли, қўлларини ҳавода бир-бирига ишқаб, ўрнидан бир туриб ўтирди-да масалани кун тартибига киритиш учун овозга қўйди. Кейин қўл остидаги қоғозларни титкиларкан залга қараб ҳам ўтирмасдан “Қарши, бетараф, йўқ, ҳамма “за”деди.

Аммо қаршилар ҳам, бетарафлар ҳам бор эди. Шу сабабдан сўз сўровчилар кўпайиб қолди. Раис эса уларга парво ҳам қилмай қўлидаги рўйхатига қараб маърузачиларни чақира бошлади. Уларнинг аксарияти раҳбарлар эди. Бири Каримовнинг таржимаи ҳолини ўқиб берди. Қолганлари эса унинг сиёсий ташкилотчилиги, раҳбарлик қобилияти, уста йўлбошчилиги, инсоний хислат-фазилатлари, оиладаги ибрати, илм бобидаги муваффақиятлари, тажрибали иқтисодчилиги каби бошқаларда оз учрайдиган “тараф”ларини ҳар турли далиллар, воқеалар билан “исботлаб”бердилар. Аммо ўз ихтиёри билан сўзга чиқувчилар ҳам жим турмадилар. Соатлаб ўрта қаторлардаги микрофонлар ёнидан узоқлашмадилар. Каримов эса бундан норози эди. Буларнинг миллий ғурури ҳам йўқ, деб ўйлади. Агар бундай ғурур бўлганда, Мухторовнинг гапларидан кейин уйғонарди. Балки уйғонгандир, балки менинг фойдамга гапиришар? Мансаб, лавозим олиш, кўзга ташланиш учун бундан қулай фурсат борми? Уларга сўз бераман. Агар қарши гапирадигани чиқса, қанотини синдириб ташлайман. Бу ерда фақат менинг масалам эмас, балки миллатнинг тақдири ҳал бўлаётганини айтиб, шармисор этаман. Болани болаликда тарбияламасанг, кейин бошингга чиқиб олади…

33. АЁЛ

-Нега кутиб турганларга сўз бермаяпсиз, адолат қилинг, адолат қилинг,ҳурматли раис. Улар ҳам шу миллатнинг фарзандлари. Айтадиган гаплари бордир? -деди Каримов раисга.

Каримовнинг бу гапидан кейин навбат кутиб турганлар ҳаракатга келдилар.

-Укажон, кечадан буён фақат сиз сўзга чиқаяпсиз, -деди раис микрофон ёнида турган йигитга караб. Ана у дўппили укамиз эса умуман сўзга чиққани йўқ. Биз адолатли бўлишимиз керак. Элга навбат шерга навбат. Ҳозир сўзни учинчи қаторда ўтирган дўппили укамизга берамиз.

Дўппили йигит ўрнидан туриб:

-Мен сўз сўраганим йўқ, -деди.

-Бу масалада сўз сўраш керак эмас. Биз демократия қураяпмиз, ошкоралик замонида яшаяпмиз. Ҳар ким ўз фикрини айтиши керак, -деди раис маслаҳатомуз оҳангда.

-Мендан гапни эмас, кетмон уришни сўранг. Сиз гапиринг мен эшитаман, -деди ҳалиги йигит. Залдагилар кулиб юборишди. Кимдир содда қишлоқ йигитининг аскиясидан мириқиб кулса, яна кимдир раиснинг ўйинидан куларди. Каримовнинг эса жаҳли чикди. Раисга ҳам қараб ўтирмасдан:

-Сўз микрофон ёнида турган синглимизга, -деди.

Каримовнинг “синглиси”шошмасдан минбарга қараб юрди. Буларга қўл узатсанг елкангни узиб олишади. Ҳа ўша микрофондан гапиравермайдими, деб ўйлади Каримов. Албатта минбарга чиқишлари керак. Бу жиккаккина қиз минбарга чиқиб, ҳам бизнинг ҳам халқнинг кўзига кўринмаса бўладими? Кичкинагина бўлса ҳам ёқимли экан. Буни рўйхатга ким киритди экан? Ҳар ҳолда вилоятнинг биринчиси ўзи билан бирга олиб келган бўлса керак…

Каримовнинг ўзи ҳам вилоятда ишлаганида пойтахтга келаркан “зерикиб”қолмаслик учун ана шундай йўлдош олиб келарди. Шу боис бу қизни ҳам вилоят раҳбарларидан бирининг мулки деб ҳисоблади.

Аммо соҳибининг диди баланд экан, дея хаёлини давом эттирди Каримов. Бу қизалоқни унга ем бўлишга қўймайман. Қанотимнинг остига оламан, меники бўлади.

Каримов хаёлларини тизгинлади-да “қизалоқ”нинг сўзларига қулоқ тутди.

-Исмим Тойиба, ўқитувчиман. Номзодимни халқ кўрсатди. Коммунистлар эса йўлимни тўсдилар. Қаршиликларни енгиб бу минбарга қадар етиб келган эканмиз, бу бизнинг кучсиз эмаслигимизни кўрсатадиган омилдир. Бу у қадар муҳим эмас, муҳими бундан кейингилари.

Бу ерда Каримовга мустақиллик беришни миллатимиз, маданиятимиз билан боғлашди. Агар сиз миллат ва маданиятни тушунадиган бўлсангиз уни мустақил деб эълон қилинг. Аввал миллат мустақил бўлсин ундан кейин Каримовлари!

Биз раҳбарнинг оғзига қарашга ўрганиб қолганмиз. Раҳбар айтган гапни қонун деб биламиз. Олдин бу зеҳниятдан қутулайлик, ундан кейин бир кишига катта-катта ваколатларни берайлик.

Бугун Каримовни мустақил деб эълон қилсак, эртага у диктатор бўлади. Бу инсонни озми кўпми танидик. Гаплари бошқа, ишлари бошқа. Бугун қарор чиқарсак бу қарор жумҳуриятимизни диктатурага, зулмга бошлайдиган йўлнинг дебочаси бўлади.

-Тўхтанг, -дея ўрнидан турди Каримов. -Сизнинг қушнинг миясидек келадиган бошингиздан бу фикрлар чиқишига ҳеч ким ишонмайди. Ҳурматли депутатлар, мен сизларга ҳақиқатни айтиб қўяй, кеча туш пайти қора кучларнинг бақироқ раҳбарлари Анҳор бўйида депутатларни овлаш билан овора эдилар. Бу хоним эса уларнинг тузоғига олдинроқ илинган. Улар ёзиб берган нарсани ёдлаб олиб, мана бу ерда тўтиқушдек такрорламокда.

-Кечирасиз, мен ўз фикримни айтаяпман. -Тойибанинг бу сўзларини Каримовнинг саси босиб кетди.

-Гапни бўлманг! Ёки маданиятдан ҳам йироқмисиз?

-Ахир менинг гапимни сиз бўлдингиз-ку? -Тойибанинг бу гапини ҳам ҳеч ким эшитмади, чунки раис тугмани босиб, асосий микрофонни ёпиб қўйганди. Каримов эса жаҳл билан сўзда давом этди:

-Московнинг иккита муттаҳам терговчиси халқимизнинг бошига қанча кулфат солди. Биз бунга ва шу каби кулфатларга чек қўямиз деб турган бир пайтда мана бундайларнинг ўртага чиқиши табиий. Бундайлар душманларимизнинг бизнинг орамизга қадар узанган қўлларидир. Ўтиринг ерингизга, муҳтарам хоним! Бу микрофонлар халқнинг сўзи айтиладиган микрофонлардир, бу микрофонлар сиз ва сиз кабилар учун ёпиқдир!

Тойиба бу қадар безбетликни кутмаган бўлса керак, индамай минбардан тушди. Микрофонлар ёнида турган депутатларнинг гапларини ҳам ҳеч ким эшитмади. Чунки Каримовга яхши кўринишни истаганлар Тойибага қарши эканликларини кўрсатиш учун, қарсак чалиб, ер тепаётгандилар. Фақат Шовруқ Рўзимуродовнинг баланд овози қарсакларнинг бағрини тилиб юборди:

-Бу одамни сайлаб бўлмайди, -дея фарёд тортди у. Бу фарёд худди қафасга солиб қўйилган шернинг онийдан кўкка отилиши каби эди. Аммо у билмасдики, боши темир панжараларига урилгач, яна ўз ерига қайтиб тушади. У кучли шер бўлишига қарамай темир панжаралар қаршисида ожиз эди. Шовруқ Рўзимуродовнинг икки қўлидан икки ҳамюрти ушлаб, ўрнига ўтказишга ҳаракат қилишаркан, у қалбидан отилиб келаётган исённи тўхтата олмасди: -Бу одамни яхши танийман, вилоятимизни ботқоққа ботирди, халқимизни хору зор этди. Бугун унга мустақиллик берсак, эртага вой жонимизга!

Залда ғала-ғовур тинмас экан раис масалани овозга қўйди ва яна ҳеч нарса кўрмагандек “Қаршилар йўқ”деб эълон қилди.

-Ёзиб қўйинг, -деди Каримов. -Биттаси зални ташлаб чиқиб кетди. -У шундай деб залдан чиқиб кетаётган Тойибани кўрсатди. -Яна биттаси эса қарши. -Каримов бу сафар кўрсатгич бармоғи билан Рўзимуродов ўтирган томонга ишора қилди.

Миртемир ўрнидан туриб раис Мирзаолим Иброҳимовнинг ёнига келди, аммо раис уни тингламади ва мажлисни “ёпиқ”деб эълон қилди. Шундан кейингина Миртемирга юзланди:

-Болам, бирор гапингиз бор эдими?

-Қаранг, ҳамма Каримовни табриклаяпти, сиз ҳам кеч қолманг демоқчи эдим, -деди Миртемир киноя билан.

Раис кинояни англаса-да ўзини содда-гўлликка урди:

-Тўғри айтасиз, аслида биринчи мен табриклашим керак, -деди.

Миртемир эса унинг сўзларига қулоқ ҳам солмай мажлис залидан чиқиб кетди…

34. МУСТАҚИЛЛИК

Каримов мустақил раҳбар деб эълон қилингани шарафига вилоят раҳбарлари томонидан уюштирилган зиёфатга шошаётганди. Аммо бошқа жумҳурият раҳбарларидан келаётган табрикларнинг кети узилмасди. У қутловларни мамнун қиёфада қабул этар экан, кўзини сариқ телефондан айирмасди. Бу телефон мамлакат раҳбари билан алоқа ўрнатиш учун қўйилганди. Аслида Каримов шошаётган бўлиб кўринса-да кўнглининг бир четида қоронғулик бор эди. “Нимага телефон қилмади?”деган савол оқиб келаётганди ана шу қоронғуликдан. Ниҳоят унинг кутгани бўлди. Сариқ телефон жиринглади.

-Ўзингча мендан табрик кутаётган бўлсанг керак, -деди мамлакат раҳбари. –Аммо сендан бундай ҳаракатни кутмагандим. Сени бу вазифага лойиқ эмас дейишганда, йўлингни очгандим…

-Мен доим сиз билан биргаман. Сизни қўллаб-қувватлайман, -деди Каримов ўрнидан туриб. Аммо телефоннинг у тарафидаги киши унинг гапларига қулоқ солмасдан сўзида давом этди.

-Иттифоқ шартномасини тузиб олгандан кейин мен ўзим сени бу лавозимга тавсия қилардим. Лекин ҳозир орқадан пичоқ урдинг.

-Менинг хабарим йўқ эди. Масалани Московдан келган депутатларимиз кун тартибига киритдилар…

-Эски партиявий ўйинларни йиғиштир, -дея унинг сўзини кесди мамлакат раҳбари Михаил Горбачёв. -Ҳаммасидан хабардорман. Сени мустақил қилиб қўядиган замон эмас.

-Референдумни тўқсон тўққиз фоиз қилиб бераман. Ҳамма Иттифоқ шартномасини қўллаб-қувватлайди.

-Мен нима десам тўнғизим нима дейди… Референдумда сенинг фикрингга эҳтиёжим йўқ. Бизга халқнинг фикри керак. Сенинг вазифанг шароитни халққа тушунтиришдир. Натижа эллик бир фоиз чиқсин, лекин бу рақам ортида ҳақиқий инсонлар турсин…

Гап бошқа ёққа бурилиб кетганидан Каримов енгил тортди. Индамасдан референдум ҳақидаги маърузани тинглади. Сариқ телефон дастасини ўрнига кўяр экан, Крайновни чақирди:

-Зиёфатга кечроқ бораман. Ҳозир эса Исо Холисни чақир.

Каримов нега бирдан Исо Холисга эҳтиёж туйганини ўйлай бошлади. Энди Москов мени йўқотиш пайига тушади. Табиийки, буни мухолифатнинг қўли билан амалга оширади. Менинг ўрнимга улардан бирини келтиради, майдонни бўш қолдирмаслигим керак. Йўлини қилиб Московдагиларнинг кўнглини олишим зарур. Уларга бу ишни нима учун қилганимни тушунтиришим керак. Биринчи навбатда у ердаги ижрочиларнинг ҳақини етказиш, кейин эса мухолифатни бўғиш шарт. Ҳар қандай норозилик ҳаракати Московга қўл келади. Уни менга қарши қўллашади.

Каримов Мавлонни чақирди:

-Эртадан бошлаб партия билан бизнинг бинони ажратасан. Ўзингни кадрлар бўйича маслаҳатчим қилиб тайинлаш ҳақида фармон ҳозирла. Хўжалик ишларини юритадиган оғзи бутун, оёғи чаққон одам топгин. Ёрдамчилардан бири партия ишларини юритса, бошқаси президентнинг ишларини юритади. Келгусида яна беш-олти ёрдамчи оламиз. Бахтиёр Назаровни эса сиёсий масалалар бўйича маслаҳатчи қилиб тайинлаймиз.

Каримов шундай деб тортмасидан бир варақ қоғозни чиқарди. Саҳифанинг теппасига “Президент аппарати” деб ёзилганди. Қолган жойларга кичкина-кичкина тўртбурчаклар чизилган ва уларнинг ичида ҳам ёзувлар бор эди.

-Мана сенга қўлланма. Шу асосда янги идоранинг тузилиши ҳақида қарор тайёрла.

Шу пайт эшик очилиб Крайнов ичкарига кирди ва “Келди” деди. Каримов эса Мавлонга қараб:

-Исо Холиснинг партиясига ҳукуматга оид бинолардан эртагаёқ жой беришсин. Иккита-учта машина ҳам беринглар. Қолганини кейин гаплашамиз, -деди.

Мавлон чиқиб кетаркан, Каримов ҳам унинг орқасидан эшик ёнигача келди. Ичкарига кирган Исо Холис Каримов мени қаршилашга чиқди деб севинди, шекилли:

-Овора бўлманг, -деди.

Каримов эса шошиб турган кишидек, у билан эшик ёнида гаплашди:

-Ука, талабларингизни эртага бажаришади. Бино ҳам беришади, машина ҳам. Бахтиёрни ҳам ишга олаяпмиз, дўстингиз Мақсад Қулни ҳам бу ерга келтирамиз. Лекин сизга қурултой учун катта бир бинони ажратар эканмиз, бутун ҳаракатни эргаштирсангиз керак, деб ўйлагандик. Майли, озига барака дейдилар. Лекин қолганларни нима қиламиз?

-У ерда уч-тўртта дордан қочганлар қолди. Ўз-ўзидан йўқ бўлиб кетади. Чунки халқнинг руҳини ташиганлар биз билан бирга.

-Ҳа, сизни чақиришимнинг сабаби, мамлакат раҳбари Горбачевга сабоқ бериб қўйганимни айтиш эди. Бизнинг мустақил бўлишдан бошқа йўлимиз йўқ эканлигини ҳам билдириб қўйдим. Пахта монополиясини тугатиш, ёшларимизни аскарликка юборишда кафолат исташимиз каби масалаларни ҳам шартта-шартта гапирдим. Бу ёғига сиздан дастак келиб турса, бас. Биргалашиб ҳаммасини амалга оширамиз.

-Биз мустақиллик декларациясини тайёрлаяпмиз, -деди Исо Холис. -Худо хоҳласа, бу энг катта дастак бўлади.

Каримовнинг бирдан авзойи бузилди.

-Бу ишга ҳам шошмаслигимиз керак, -деди заҳархандалик билан. Бирданига тирноқни этдан ажратиб бўлмайди.

-Тўғри, -деди Исо Холис, -биз эълон қиладиган декларация умумий тарздаги баёнот. Яъни орзуимизнинг ифодаси бўлади. Зотан, декларация дегани қонун эмас, балки принциплар баёнотидир. Яъни ўз оти билан декларациядир. Унинг принциплари қонунларда ёйиб кўрсатилади.

-Бўпти, -деди Каримов Исо Холиснинг елкасига уриб қўяр экан. -Аммо ҳаммасидан мени хабардор қилиб туринг.-Дарвоқе, иккита уй сўраган экансиз, уни ҳам ҳал қилдик.

-Қуллуқ…

Каримов шундай деб шоша-пиша чиқиб кетаркан, кўнгли анча тинчиганди. Нега Исо Холисни чақирганини ҳам энди тушунди. Мухолифат номидан норозилик баёноти тарқатилса, Московдагиларга қўл келишидан қўрққанди. Демак, баёнот йўқ. Ҳаммаёқ сокин…

35. ҲУЖЖАТ

Мустақиллик ғояси ҳамма жойда тўлқинланган ва бу тўлқин бирин-кетин соҳиллардаги қояларни йиқитаётганди. Баъзи жумҳуриятларда бу тўлқин қаршисига танклар, сипоҳлар олиб чиқилса-да, тўхтатишнинг имкони бўлмаётганди. Чунки бу тўлқиннинг орқасида енгиб бўлмас куч – халқ бор эди. Бу тўлқин эстираётган шамол ҳар бир эшикдан ичкарига кираётган ва инсонларнинг қалблари, шуурларини қитиқлаётган эди. Олий кенгашнинг раёсатида ҳам бу масала ўз-ўзидан кун тартибига келди.

-Бугун бўлажак мажлиснинг кун тартибини муҳокама килаяпмиз, -деди Миртемир раёсатда сўз оларкан. -Биламан, раёсатимиз юқори билан маслаҳатлашмасдан қарор чиқаролмайди. Ҳеч бўлмаса мустақиллик баёнотини тайёрлайдиган гуруҳни тузиши мумкиндир. Ҳозир ҳамма жумҳуриятларда бундай ҳужжат қабул қилинмоқда. Бизда ҳам халқ, ижодкорлар, мухолифат шу талабни илгари суришмоқда.

-Тўғри, -дея Миртемирни қўллади Алижон Қўчқоров деган миллатвакили. –Мана мен узоқ йиллар партия марказқўмида ишладим, лекин бугун мустақиллик дея тўлғанаётган йигитларга қўшиламан. Бу бир ё икки кишининг ташаббуси эмас. Бу бутун халқнинг дарди. Шу сабабдан унга қўшилмасдан ва уни қўллаб-қувватламасдан иложимиз йўқ.

Раис Мирзаолим Иброҳимов ҳеч нарсага “йўқ” демас эди. “Хўп” дерди, қўлларди, лекин амалга ошмай қолаверарди. Алижон Қўчқоровдан кейин Эркин Воҳидов ҳам бу масалани қўллаб гапираркан, раис “бўпти” деди.

-Мен ҳурматли Ислом акага ўзим тушунтираман. Масалани мажлис кун тартибига киритамиз, -деди Иброҳимов.

-Лекин тавсия қилинадиган кун тартиби қўлингизда, ҳозироқ унга киритиб қабул қилиш керак, -деди Миртемир.

-Тушунаман, ёшларнинг қони қайнаб туради. Аммо бу масала жуда ҳам жиддий, уни икки оғиз гап билан ҳал қилиб бўлмайди, -юмшоқ оҳангда эътироз билдирди раис.

-Биз ҳам масаланинг жиддийлиги учун аввал баёнот тайёрлайдиган гуруҳ тузишни таклиф қилдик, -деди Миртемир.

-Болам, бизга имкон беринг, агар йўлини топсак гуруҳсиз ҳам бу масалани ҳал қиламиз…

Каримов раёсатдаги бу тортишмани видеолентадан томоша қилди. Раисга телефон қиламан, деб турганди, лентанинг давомидаги ёзув диққатини тортди. Раёсат биносининг ҳордиқ чиқарадиган жойида Миртемир билан Исо Холиснинг суҳбати эди бу:

“-Яқинда сизларни ҳам ҳокимиятга қўшиб, ағдарамиз, -деди Исо Холис Миртемирга.

-Сизлар деганингиз ким? -сўради Миртемир.

-Нега раёсатда мустақилликни қўлламадингизлар?

-Тақсир, ахборотни доим нотўғри оласиз. Эсингизда-ми, сайлов арафасида менинг округимга борган эдингиз. Ижроқўм биноси ёнида учрашдик. “Номзодингни қайтариб ол, бу ердан менинг дўстим Аҳмад Аъзам сайланиши керак” дегандингиз. Ўшанда сиздан “Бу услубнинг коммунистларникидан нима фарқи бор?” деб сўраганимда “Коммунистларни йиқитиш учун бу услубни қўллаяпмиз” дея жавоб қилгандингиз. Мен эса “Коммунистлар ҳеч бўлмаса олдин ўрганиб, кейин зарба уришади. Сизнинг дўстингиз номзодини қўшни округдан қўйган, уни Компартия рўйхатидан кўрсатишган” дегандим. Мана бугун ҳам бизга пўписа қилаяпсиз. Ваҳоланки, бизнинг мустақиллик ва демократиядан бошқа дардимиз йўқ.

-Аввал мустақиллик кейин демократия…

-Иккаласини ҳам баробар амалга оширишимиз керак.

-Йўқ, унда Московга ўхшаб қоламиз. Уларнинг шиори демократия. Биз эса мустақиллик учун курашамиз, кейин демократия учун.

-Бу гапингизни Тойиба эшитиб қолмасин, сизни Каримовнинг одами деб эълон қилади…”

Тасвирнинг давомини томоша қилишга Каримовнинг сабри етмади. “Ким кимнинг одамлигини кўрсатиб қўяман, ҳали”, деб ўйларкан Иброҳимовга телефон қилди:

-Раёсатни отхонага айлантириб юборибсан-ку, -деди русчалаб. -Нега тирранчаларнинг олдида қуллуқ қиласан? Нега уларни раёсатга киритасан? Нима учун ҳамма нарсага мен жавоб беришим керак? Нега уларга Москвадан ажралишимиз мумкин эмаслигини тушунтирмадинг?

-Агар уларни эшитмасам шу гапларни катта мажлисда айтишарди-да.

-Қулоқ сол, мажлисда бу гап ўртага чиқмаслиги учун Воҳидовни тайёрла. У мажлисда баёнот ёзадиган гуруҳни тузиш таклифи билан чиқсин. Гуруҳ аъзоларининг рўйхатини бирга тайёрлаймиз. Гуруҳ баёнотни неча йилда ёзиб битиришини эса ўйлаб кўрамиз. Дарвоқе, Воҳидовга айтиб қўй, қўлида ишлаётган жўжахўрозларнинг попугини пасайтириб қўйсин. Бўлмаса, ўзини ҳам, уларни ҳам қуваман!

…Мажлис куни Исо Холис ярим саҳифалик баёнот лойиҳасини тарқатди. Шу куни Халқ ҳаракатининг ҳам мустақиллик ҳақидаги таклифлари ёзилган варақа депутатларнинг қўлига етиб келганди. Миртемир мажлис олдидан дўстларини йиғиб:

-Буларни таклиф қилган билан бирор нарсага эришмаймиз. Натижага эришиш учун мажлиснинг иш тартибини ўзгартириш керак. Биринчи бўлиб котибиятни қўлга олайлик, -деди.

-Бу тўнтариш дегани. Бунга олдиндан яхшилаб тайёрланиш лозим эди, -деди Алижон Қўчқоров.

-Биздан нима кетди. Синаб кўрайлик. Миртемирнинг қандай таклифи бор? -деди Тошпўлат Жўраев.

-Олдиндан тайёргарлик кўрсак, барибир сезиб қолишарди. Мажлис очилиши билан котибият эълон қилинар экан, ҳар биримиз биттадан номзод кўрсатайлик. Улар ўн беш номзод кўрсатишса, биз ўн олти кишини кўрсатайлик. Мажбуран овозга қўяди. Ўтгандан кейин бизнинг одамлар котибият мажлисида раис номзодини ўзимиздан кўрсатсин. Чунки мажлиснинг такдири котибият раисининг қўлида. Бутун рўйхатлар, қарорлар унинг қўлида бўлади. У эса бирортасини ҳам раисга бермайди, сенарийсиз мажлис ўтказамиз деб эълон қилади. Миллатвакилларининг талаблари сифатида мустақиллик баёнотларини ҳам кун тартибига киритишни сўрайди…

-Қийин, аммо бошқа йўлимиз йўқ, -дея тарқалишди улар.

…Мажлис бошланиб, раис котибиятни овозга қўяркан, Миртемир ўрнидан турди:

-Менда таклиф бор. Котибият аъзолигига янги номзодлар ҳам кўрсатилсин.

-Укам, ҳеч жим ўтирмадингиз. Котибиятга у аъзо бўлди нима, бу аъзо бўлди нима? Мана менда таклиф бор, сиз раис бўлинг ва рўйхатингизни ўқинг.

Миртемир шошиб қолди, чунки қўлида рўйхат йўқ эди. Аммо бундай имкониятни бой бермаслик учун чўнтагидан ён дафтарчасини чиқарди-да, гўё унга исмлар ёзилгандек, аслида эса хаёлдан, янги номзодлар рўйхатини ўқий бошлади. Олий кенгашда биргаликда фаолият кўрсатаётган дўстларининг ҳаммаси бу “рўйхатда” бор эди.

Миртемир ва дўстлари котибиятдаги жойларини эгаллашар экан, Каримов мажлисга кириб келди. У минбарда котибият учун ажратилган жойда ўтирганларни кўриб уларга ҳайратомуз термулди-да, “салом” дегандек Миртемирнинг елкасига уриб қўйди ва раиснинг ёнига бориб “чўкди”.

Миртемир раисдан сўз сўради.

-Сўз котибият раисига, -деди Иброҳимов.

Миртемир ўртадаги минбарга чикди-да:

-Раёсат таклиф қилган кун тартиби аниқ. Лекин истаган одам кун тартиби бўйича таклиф киритиши мумкин. Котибиятга келган таклифларингизни албатта ошкор этамиз. Мана бу рўйхат эса олдиндан тайёрлаб қўйилган, уни йиртамиз. -Миртемир шундай деб, қўлидаги қоғозларни иккига бўлиб, йиртди.

-Сўзга чиқувчилар ҳам котибиятга таклиф берсинлар, биз рўйхатни таклифларнинг келган соат, дақиқасига қараб тузамиз, -деди.

-Мен қайси қоғозга қараб иш юритаман, -дея киноя қилди Иброҳимов.

У Каримовнинг келиб қолганидан ваҳимага тушганди, чунки Каримов бугун эрталаб қўналғага бориши ва хориждан келадиган бир ширкат раиси билан водийга кетиши керак эди. Шу боис Мирзаолим Иброҳимов Каримовнинг йўқлигидан фойдаланиб, “демократия машқи” ўтказиб, обрўсини бироз тиклаб олмоқчи бўлганди.

-Кун тартибига қараб раислик қилаверасиз, -деган Миртемир минбардан тушиб, ўрнига келиб ўтирди. Каримов эса ўрнидан турди-да, қўл силтаб чиқиб кетди. Унинг нимага келиб, нимага кетганини хеч ким тушунмади.

Аслида эса Каримов мажлис залига Шукрулло Мирсаидовга баъзи гапларни айтиб қўйиш учун келганди. Орқадаги хонада Шукруллони кутиб ўтираркан, ичкарига улаб қўйилган радиодан мажлисдаги тортишувларни эшитиб қолди. Раисга танбеҳ бериб қўйиш учун ичкарига кирди, аммо раис қўрққанидан унга қайрилиб ҳам қарамади. Вақти оз қолаётгани учун яна орқа томондаги хонага келди. Бу ерда уни Мирсаидов кутиб турганди.

-Дўстим, -деди унга Каримов, -ўтган мажлисда иккаламиз бир инсон эканлигимизни халққа очиқ айтдим. Сенинг мард, ҳалол, қўрқмас эканлигингни ҳам яширганим йўқ. Қолаверса, олдинги раис билан сени таққослаб, устунлигингни кўрсатиб бердим. Энди ўзингни кўрсат.

-Мен тайёрман, нима қилишим керак?

-Боя мамлакат раҳбари Горбач телефон қилди. Мустақиллик баёноти ҳақидаги гап-сўзлардан хабар топибди. Жуда ҳам ғазабда. Мени ҳатто хоинликда айблади. Келаётган меҳмоннинг эса аҳамиятини биласан. Дунёдаги энг йирик автомобилсозлик корхонасининг бошлиғи. Ҳадя учун ккита махсус тайёрланган “Мерседес” олиб келган. Биттаси сеники. Ўқ ўтмайдиган. Гап ҳадяда эмас. У одам дунёни қўлида ушлаб турган бир неча шахсдан биттаси. Унга юртимизда корхона очиши учун имкон яратсак ва бунга уни кўндирсак, булбул қўлимизга қўнган бўлади. Шу сабабдан катта бошимни кичик қилиб, уни ўзим олиб юрибман. Қайтиб келишга ҳаракат қиламан. Мен келмасдан туриб, мустақиллик масаласи ўртага чиқадиган бўлса, жон ҳисобига бўлса ҳам тўхтатиб турасан. Ана у “латта”ни эса эртага бюрода, кейин кенгашда муҳокама қилиб, ишдан ҳайдаймиз.

Шу пайт эшик очилиб, ичкарига Миртемир кирди. Қўлида бир даста мактуб ва мустақиллик баёноти лойиҳалари.

-Миллатвакилларининг деярли барчаси мустақиллик баёнотини қабул қилишимизни сўрашаяпти, -дея гап бошлади у. Аммо Каримов унинг гапини охиригача эшитмади.

-Ўша миллатвакилларингиз қисиб ўтирсин, -дея қўлини мушт қилиб кўрсатди.

-Сизни маданиятли одам деб эшитгандим, -дея гап бошлади Миртемир.

Каримов яна унинг сўзини кесди:

-Бу депутатлигингиз узоққа бормайди. Қолганларники ҳам. Мустақиллик эса хоинлик. Бунча халқни очдан ўлдирмоқчимисизлар? Гапиришни биласиз ҳамманг, мен эса гадойгача ўтирадиган ерини белгилаб беришим керак.

Мирсаидов вазиятни юмшатмоқчи бўлди, шекилли, гапга аралашди:

-Нима экан ўзи бу лойиҳалар? -деди.

-Мен лойиҳаларни бу ерга олиб келмаслигим мумкин эди, аммо бир юз олтмиш етти миллатвакил  имзо отган ва Президент номига мурожаат ёзишган. Истасангиз, чўнтагингизга солиб қўйинг, бизда муҳокама қилиш учун бошқа нусхалари бор, -Миртемир шундай деб қўлидаги қоғозларни Каримовга узатди. Аммо қоғозларни Мирсаидов олди. Каримов эса 167 рақамини эшитиб, бир лаҳза эсанкираб қолди. Кейин Бош вазирнинг қўлидан рўйхатни олиб, исм-шарифларга назар ташлади. “Вой аблаҳлар, вой нонкўрлар”дер экан, лойиҳаларни ўқиди-да, саккиз сатрлисини Миртемирга узатди:

-Мана шунисини мажлис охирида кўриб чиқишсин, -деди.

Миртемир индамай чиқиб кетар экан, Каримов Бош вазирга юзланди:

-Бу болалар билан ади-бади айтиб ўтиришга ҳолим йўқ. Агар боягини муҳокамага қўйишадиган бўлишса, мустақиллик деган сўзларни “суверенитет” калимаси билан алмаштириб, Московнинг қонунлари ҳудудимизда ўз кучини сақлаб қолади, деган қўшимча билан қабул қилиш мумкин. Кейин истасак қайтадан ёзамиз, истасак эълон қилмаймиз. Ўзингиз сўзга чиқиб, бунинг бир парча қоғозлигини тушунтириб беринг, булар ҳали иқтисоднинг “и” ҳарфини билишмайди…

Баёнот муҳокамага қўйилмасдан олдин Воҳидов сўзга чиқди:

-Мустақиллик ҳаётимизнинг энг муҳим ва энг керак масаласи. Шу сабабдан бу ҳакда баёнот қабул қилиш учун махсус ҳайъат тузишимиз керак. Бунга ёзувчилар, шоирлар, ҳуқуқчилар, олимлар, мухолифат, сиёсат арбоблари, хуллас ҳамма соҳадан вакиллар кирсин. Шундай бир ҳужжат қабул қилайликки, дунё бизга қойил қолсин. Сихни ҳам кабобни ҳам куйдирмасдан иш қилайлик…

Воҳидовдан кейин сўзга чиққан Исо Холис унинг таклифига қўшиларкан, бу ҳайъатни шу заҳоти тузиб, мажлис охирида баёнотни қабул қилиш кераклигини айтди. Кейин Бош вазир сўз олди:

-Бу бир варақ қоғоз. Ҳамма нарса шу билан ҳал бўлиб қолмайди, -деди у. -Масаланинг иқтисодий томонларини ҳам кўриб чиқишимиз керак. Мен билан ёнма ён ўтирадиган депутат “Боғча қуриш аҳамиятлими, мустақиллик баёнотими?” деб сўради. Ана шу саволнинг ўзи кўрсатаяптики, бу масалани бир ҳайъатга юклашимиз ва бутун таклифларни инобатга олган ҳолда ўртага чиқаришимиз керак. Мана менинг қўлимда иккита лойиҳа бор. Хўш, бунинг қайси бирини қабул қиламиз? Кўриб чиқайлик. Мен мажлисда танаффус эълон қилинишини ва бутун вилоятларнинг вакиллари йиғилиб, бу масалани муҳокама қилишларини таклиф қиламан.

Танаффус эълон қилинди. Кичик залда баёнот лойиҳаси тортишилар экан, икки лойиҳани бирлаштириб, бу ерда айтилган таклифларни ҳам инобатга олган ҳолда янги бир матн тайёрлаш учун Мирсаидов, Миртемир, Исо Холис, Ибод Тўраев ва Ойгул Маматовадан иборат ҳайъат тузилди. Ҳайъат ярим тунга қадар лойиҳа устида ишлади.

Каримов меҳмони билан Водийни кезиб қайтгач, эртасига эрталаб мажлис залига етиб келди.

-Кеча ярим тунга қадар лойиҳани кўриб чиқдик. Бугун муҳокамага қўйишдан бошқа иложимиз йўқ, -дея матнни Каримовга узатди Мирсаидов.

Каримов матнни қўлига олди-да:

-Мен кўрган лойиҳа бу эмас эди. Қани Миртемир чақиринглар, -деди.

Миртемир кириб келиши билан:

-Бу нима? -дея унга бақирди.

-Бу мустақиллик баёноти, -деди жиддий оҳангда Миртемир.

-Мен билан ўйин қилма! Қани кеча менга кўрсатганинг!

-Мени сенсираманг, -деди Миртемир ва қайрилиб чиқиб кетди.

Бу пайтда мажлис бошланган ва Мирсаидов аллақачон минбарда эди. Каримов эса залга кирмай, ўтирган хонасида тортишувларни тинглади. Компартиянинг янги иккинчи котиби Ефимов лойиҳага қарши гапирди. Кейин мафкура котиби Ҳамидов ҳам уни қўллади. Аммо кўпчилик мустақиллик ташнаси эканлиги сезилиб турарди. Мирзаолим Иброҳимов тортишувлар битар-битмас масалани овозга қўйди ва яна залга ҳам қараб ўтирмасдан “Бир овоздан қабул бўлди” деб эълон қилди. Ҳамма ўрнидан туриб қарсак чаларкан, Ефимов, Ҳамидовлар ҳам бу шиддатли сел каби оқимнинг кучига дош беролмай оёққа қалққандилар. Раис “дўппилик йигит” деган миллатвакили тўнининг ичида сақлаган миллий байроқни ўртага олиб чиқди. “Яшасин мустақиллик!” дея ҳайқирди. Унинг бу ҳайқириши тоғларда акс садо берганидек қатор ораларида такрорлана бошлади. “Мустақиллик!”дея ҳайқираётганлар қандайдир ўй-фикрларга эмас, қалбларига қулоқ солаётгандилар. Каримов гул столи устида турган радиони тепиб юборди. Радио ерга бориб тушганда ҳам ундан залдаги ҳайқириқлар эшитилиб турарди.

Булар жинни бўлган деб ўйлади Каримов. Нима иш қилишаётганини билишмайди. Мана бу ерда бақириб-бақириб кетишлари осон, аммо Московга ким жавоб беради? Ҳозир мана бу бинонинг қаршисига тўртта танкни келтириб қўйишса, нима қиламиз? Балки бошқа жумҳуриятларда қон оққанидан қўрқиб, бунга журъат қилишмас. Ҳатто мустақил ҳам бўлдик, дейлик, армияни нима қиламиз? Бюджетимизда бир тийин пулимиз йўқ. Афғонистондан саккиз киши қурол кўтариб келса, ҳаммаёқни босиб олади. Буни ҳам қўйиб турайлик. Халққа қаердан маош берамиз. Мен ўзи нималарни ўйлаяпман? Жилов кимнинг қўлида?

Каримов иккинчи котибни чақирди:

-Бор, Москов билан гаплаш. Эшитиб қолиб, ўпкалари оғизларига келмасин. Бу қарорни бекор қиламиз, -деди.

Кейин Ҳамидовни чақирди. Мажлиснинг бу қисми телевизорда кўрсатилмасин, матбуотга берилмасин, бор, чорасини кўр, -деди ва сўнгра Мирсаидовни чақирди ва:

-Қўлингиздаги матнни ҳеч кимга кўрсатманг, қайтадан ёзамиз,-деди унга.

-Бу матндан бир нусха Миртемирда ҳам бор.

-Унинг қўлидан ҳам олинг.

Шу пайт Воҳидов Нурали Қобул деган миллатвакили билан кириб келди ва Каримовни самимий оҳангда қутлай бошлашди. Каримов ҳеч нарса бўлмагандек қутловларни қабул қиларкан, Шукрулло Миртемирнинг ёнига келди:

-Сиздаги нусхани Ислом ака сўраяпти, -деди.

-Нега? -деди Миртемир ҳам Мирсаидовни қутларкан.

-Ошналарингизга айтинг, кетиб қолишмасин. Буни қайтадан ёзишмоқчи.

Миртемир эшикдан чиқиб кетаётган Исо Холисни тўхтатиб, воқеани унга билдирди. Кейин бошқаларни ҳам ичкарига чақирди.

-Бизга бу ҳужжатни ўзгартирмоқчи эканингиз хабари етиб келди, -деди Исо Холис Каримовга.

-Сиздан бехабар иш қиламизми? -деди Каримов.

-Бу парламентда қабул қилинди. Энди уни ўзгартириш қандоқ бўларкин?-сўзга аралашди Нурали Қобул.

-Ефимов айтган баъзи таклифларни киритинглар. Кейин парламент яна бир марта қабул қилади.

-Парламент қабул қилиши мумкин, лекин..,-Нурали Қобулнинг сўзи оғзида қолди.

-Бўпти, бўпти, мен розиман, -деди Каримов унинг сўзни бўлиб.- Боринглар Ефимовни кўндиринглар!

Сал нарида турган Ефимов Исо Холиснинг қўлидан ушлаб, четга тортди:

-Ҳозиргина Москов билан гаплашдим. Иккита ўзгартириш албатта киритилиши керак!

Мен бу масалада бор йўғи бир элчиман. Ислом Абдуғаниевич Москва билан гаплашишимни илтимос қилди. Элчига ўлим йўқ, дейишади.

-Хўш, нимани ўзгартириш керак?

-“Мустақиллик” ўрнига “суверенитет”деб ёзамиз. “Москва қонунлари ҳудудимизда юрмайди” деган бандни олиб ташлаймиз. Қолган йигирмата тузатиш эса жузъий.

Улар стол ёнида ўтириб матнни тортиша бошладилар. Каримов эса улар томонга қараб масхараомуз жилмайди-да, “Бўпти, мен Қозоғистондаги мажлисга кечикаяпман”, дея чиқиб кетди…

Миллатвакиллари оқшомни байрам кайфиятида ўтказдилар. Бир-бирларини зиёфатга чақирдилар, қутладилар. Аммо на телевизорда, на радиода мустақиллик ҳақида бир жумла ҳам сўз йўқ эди. Эрталабки газеталарда ҳам бу муҳим воқеа “унутилганди”.

Миртемир ва меҳмонхонадаги дўстлар йиғилишиб, нима қилиш кераклигини маслаҳатлашишди. Норозилик баёноти ёзиб эълон қиламиз, деган қарорга келишди. Сўнгра Миртемир Ҳамидовга сим қоқди.

-Биз ҳам шунинг дардида ухламай чиқдик, -деди Ҳамидов. -Бошқа норозилар ҳам бор, Ислом акага телефон қилаяпмиз, боғланишнинг иложи бўлмаяпти…

Каримов Московдан бирор бир эътироз олмагач, ичкарида ғалаён чиқмасин, деб пойтахтга қайтиши билан ҳуқуқ тартибот органларини оёққа турғазди.

Кейин Ефимовни чақирди:

-Тайёрлаган матнингни олиб кел, -деди.

Матнни синчиклаб ўкиркан, бир неча жойини таҳрир қилди.

-Мажлис икки ойдан кейин бўлади. Тўртта тирранчадан бошқа эътироз билдирадиган йўқ. Мана бу матн эса Московнинг қарашларига зид эмас. Москов билан гаплашдим, мухолифатни тинчлантириш учун яна ҳам кучайтиришингиз мумкин, дейишди. Лекин баёнотдаги талабларни кучайтирсак, кейин жавобини Москов эмас, биз беришимиз керак. Шу сабабдан мана шуни эълон қил, -деди Каримов. -Бюро мажлисида Иброҳимов масаласини муҳокама қиламиз ва кенгашда ишдан олишни қарорлаштирамиз. Буларнинг ҳужжатларини ҳам тайёрлаб қўй.

36. ПЎРТАНА

Бюро мажлисида Каримов Иброҳимовни ҳақорат қила бошлади:

-Бурнингдан ип билан боғлаб судрашларига йўл қўйдинг! Кунимиз сен каби латталарга қолди. Ё ишла, ё кет! Сен ифлосни туққан ўша қанжиқ онангни юзига қараб ўтирадиган йўқ бу ерда!

Шундай деб Каримов мушт билан стол устидаги ойнага урди. Ойна парчаланиб кетди.

Мирзаолим Иброҳимов мункайиб қолган чолдек, бош эгиб ўтирарди. Кекса одамнинг бу қадар таҳқирлаши, бунинг устига онасини ҳақорат қилиши Мирсаидовни жумбушга келтирди. У ўрнидан турди-да:

-Бюро мажлиси ёпиқ, чиқиб кетишларингиз мумкин, -деди.

-Сен кимсан, кимга буйруқ бераяпсан, нима ҳаққинг бор бюрода ўзингни кўрсатишга, бу ерда менинг гапим ўтади. -Каримов ҳам ўрнидан туриб Мирсаидовга бақирди.

-Ҳақоратлар бюродан ташқарида қолсин, дедим. Нега нафақахўр одамни ишга келтирдингизу нега унинг онасини ҳақорат қиласиз? Ишлай олмаётган бўлса, “Кет!” денг кетади, -деди Мирсаидов.

Каримов қўчқордек отилиб унга қарши юрди. Мирсаидов ҳам бир ҳамла билан Каримовга етиб олди. Ўртага Жўрабеков кирмаганда бюро мажлиси жанг майдонига айланарди.

Улар бироз жаҳлларидан тушиб, бир-бирининг айбини дўстона оҳангда айтишаркан, бюро аъзолари қочиб қолишганди.

Каримов ҳар қанча юмшоқ оҳангда гапирмасин ичида “Ҳамма нарсанинг вақти бор, сени ҳам тикан устида югуртирадиган кунлар келади. Дўст дегани доим душман чиқаркан-да” деб ўйлади.

Мирсаидов ҳам бу воқеа дўстликларини дарз кеткизган зарба бўлганини англади.

Шу пайт Крайнов кириб:

-Мирзаолим Иброҳимов хонасига етиши билан йиқилиб қолди, юраги тўхтаб қолди, хастахонага жўнатишди, -деди.

Мирсаидов “Кўрдингми оқибатини” дегандек, Каримовга қараб қўйди-да чиқиб кетди. Каримов эса Крайновга:

-Агар ўлиб қолса, эртага мотам эълон қиламиз. Ўлмаса, нафақага жўнатамиз. Чунки унинг ҳукмини биз эмас, унинг ўзи ўқиди, -деди.

Каримов қўшни хонага кирди-да, музлатгични очиб, нимадир қидирди. Нима қидираётганини ўзи ҳам билмаган одамдек музлатгичнинг равонларига узоқ тикилиб қолди. Шу дамда боши бўм-бўш ҳувиллаб қолганди. У хаёл кўчасига киришга қўрқар, аммо фикрлар ҳар тарафдан булутлардек бостириб келаётганди. Бу булутлар орасида узоқ-узоқларда Иброҳимовнинг оппоқ докадек оқарган юзи ва Мирсаидовнинг Каримовни масхара қилаётгандек кулиб турган чеҳраси гоҳ яқинлашиб, гоҳ узоқлашиб “бориб келаверди”.

Йўқ, деди Каримов ўзи-ўзига, мен кучлиман! Мени кимларнингдир тазйиғи енга олмайди. Балки бу тазйиқ эмасдир?! Балки ростдан ҳам чегарани йўқотиб қўйдимми? Йўқ, Иброҳимовни ишга келтирар эканман, унга шартларни очиқ айтгандим. Ё менинг одамим бўласан ёки ҳеч ким! Ё менинг йўлимга юрасан ёки кўзимдан йўқоласан! Мен мардга мард, номардга номардман! Иброҳимов менга хиёнат қилди. Мени тузоққа туширмоқчи бўлди. Агар ана у тирранчаларни ўз йўлига солганда, мен унинг мушугини “пишт” демасдим. Индамасам толни каллаклаган бешикчиларга ўхшаб мени ҳам ҳар тарафдан каллаклашарди. Кейин эса қуритиб ё васса қилишарди ё бешик ё тобут. Нималар деб ўйлаяпман ўзи? Бешик… Буларнинг қўлига тушган бешик бўлишга улгурмай қуртларга ем бўлади, чириб йўқолади. Бугуннинг қонуни битта: ё қуртларга ем бўласан ёки қуртларга ем қиласан!

Иброҳимов майли-ю ана у нонкўрга нима дейиш керак? Наҳотки мансаб одамни шу қадар тез ўзгартиради? Наҳотки, йигирма йил дўстлик қилиб, унинг кимлигини билмадим? Сигирнинг оласи ташида, одамнинг оласи ичида деб бекор айтмас эканлар. Ҳатто мен ноҳақ бўлганимда ҳам Шукрулло бетга чопарлик қилмаслиги керак эди. У ўзини набзга кўра шарбат асосида иш қилдим деб оқлар, лекин менинг олдимда бир умрга гуноҳкор. Чунки уни Бош вазирликка мен келтирдим. Мен орага кирмасам ана у тирранчалар уни чок-чокидан сўкиб, парам-парча этишарди. Олдинги Бош вазир мард экан, чопонини елкасига ташлаб, индамай кетди. Ниққини чиқармади. Ўғил бола шундай бўлиши керак. Балки Шукрулло менинг ўрнимга кўз тиккандир? Шундай бўлмаса, нега бюро мажлисида хўжайинлик қилди? Нега бошқалар ҳам менинг муносабатимни кутиб турмасдан унга қулоқ солишди? Нега Шукрулло важоҳат билан менга ташланди? Нега Жўрабековдан бошқа ҳеч ким орага кирмади? Нега мен ҳаммани орқага қайтариб, мажлисни давом эттирмадим? Нега Шукруллони ишдан бўшатиш масаласини ўртага қўймадим?

Нега?! Нега?! Нега?!…

Булутлар парчаланиб дўлларга, дўллар эса саволларга айланиб унинг бошига келиб урилаётгандек, у ўзига пана жой, асабларини тинчитмоқ учун баҳона изларди. Лекин  музлатгичда шу дамда бу “баҳона”йўқ эди…

37. СОҲИБ

Ердан кўтарилаётган ҳовур билан қуюқ туман қоришиб атрофни қоплаб олганди. Бу кишини биқтирувчи манзара бўлишига қарамай, неча кундан буён ўзини қўярга жой тополмай юрган Каримовнинг бугун ҳар қачонгидан кайфи чоғ эди. Чунки пахта плани тўлганди. Илгариги пайтда бўлганда-ку Московдан ҳам мақтов, ҳам орден ундирарди.

Ҳозир эса ҳатто телефон қилиб, бир оғиз раҳмат айтишмади. Каримов бунинг учун қайғурмади. Аксинча хурсанд бўлди. Демак, Московнинг у билан иши йўқ. Бутун жумҳурият ўзининг ҳукмида. Вилоят биринчилари сим қоқиб, табриклаб туришибди. Бошқа томондан эса пахта плани тўлиши Горбачев билан гаплашиб олиш учун имкон бўлди. Аслида бугун кайфияти кўтарилгани, кўнгли равшанлашгани ҳам ана шундан. Қарийб бир ойдирки ўз ёғига ўзи қоврилмокда. Бир неча депутатнинг тўполони билан сессияда истеъфо бериб кетишига оз қолганди, лекин кўнгил сўрашмади.

Хайрият-ки ўшанда шайтоннинг гапига кирмадим, деб ўйлади у. Агар сессияни ташлаб кетиб қолганимда, Шукрулло отга минарди. Мени эса отнинг оёғига боғлаб жазойи қиларди. Гарчи атрофимдагилар тўнтаришни Шукрулло тайёрлаган, деб мени ишонтиришга уринсаларда, ҳақиқатни сезиб турибман. Шукрулло бу ишга журъат қилолмасди. Чунки Иброҳимовни муҳокама қилган бюро мажлисидан кейин тавбасига таянтиргандим. Қўлимда уни шармисор қиладиган ҳужжатлар тўплаб қўйганимни ҳам яхши биларди. Бунинг устига Олий кенгаш раислигига Шавкат Йўлдошевни келтириб, Шукруллонинг қўлини анча боғлаб қўйдим. Йўлдошев жар ёқасида эди. Фарғона воқеаларида жиловни қўлдан чиқариб, ёмон отлиқ бўлди. Шукрулло катта мажлисда унинг ҳам қўли қон деб жиноятга тортишни талаб қилганди. Оёғи тойиб кетаётган бир пайтда уни қутқариб қолдим. Бутун вужудида Шукруллога нисбатан нафрат кўпирмоқда. Ҳатто бир-бирининг кўзига тик қаролмайдиган ҳолга келишди. Шунинг учун ҳам бу сессияда Йўлдошев билан Шукруллонинг оғиз бириктиришганига ишонмайман. Хавфсизлик қўмитаси, мана бу маслаҳатчилар эса Шукролло уюштирганини исботлаш учун далил тўплаш билан овора. Билишади, ундан сўз очишса, қайнаб кетаман. Шу сабабдан доим ўртага унинг номини суқишади. Аслида улар ҳам Шукруллодан қўрқишади. Аммо нега мендан эмас, ундан қўрқишади? Йўқ, мендан кўпроқ қўрқадилар. Қўрққанлари яхши. Қулни қул қилувчи қўрқувдир. У қулликни енгдими, бошга бало бўлади.

Аслида бугун Шукрулло ҳақида нега ўйлай бошладим? У билан орамизда кўп гап ўтди, лекин охирги сессияда агар у минбарга чиқиб “Менга вазифа керак эмас” демаганида, ишим битган эди. Йўқ, агар уни қўлга олмаганимда ана у тўполончиларнинг йўлига юрарди. Ҳозир у ҳукуматнинг бошида, қўлида бир қанча хазинанинг калити бор. Аста секин бу калитларни олиб қўйишим керак, кейин ёнимда айланиб юраверсин. Ўшанда яна ҳам вафодор бўлиб қолади.

Бир ёмонликнинг бир яхшилиги бор дейдилар. Сессияда кимнинг ким эканлигини яна бир марта кўриб олдим. Бунинг устига сайлов ҳақидаги қонунни кейинги мажлисга қолдирганим ҳам яхши бўлди. Унга вице-президент деган лавозим киритаман. Бошқа жойларда президент ва вице-президент бирданига сайланади, мен эса қонунга уни тайинлаш тартибини киритаман. Сайловгача Шукруллони ҳам, бошқаларни ҳам хурсанд қилиб туришим керак. Сайлов ўтгандан кейин ғалвирни сувдан кўтараман. Ўшанда ғалвирда ким қолади-ю, ким қолмайди, кўрамиз. Ҳозир эса буни Горбачев билан келишиб олишим керак. Пахта плани тўлганини айтиб, кейин бу масалада ипнинг учини кўрсатсам яшил чироқ ёқиб юборади…

Каримов бир қарорга келган кишидек елкаларини орқага тортиб, кўкрак кериб ўтирганча Крайновни чақирди:

-Мақсад Қулга айт, табрик мактубини олиб келсин, -деди унга.

Крайнов чиқиб кетар экан Каримов яна ўйга толди. Бу Мақсад Қул деганлари анча дуруст бола экан. Исо Холисни қўлга олиш учун буни тузоққа илинтиргандик. Биз кутганимиздан ҳам зиёда экан. Ҳам Исо Холисни йўлга солмокда, ҳам бошдоғини йўқотиб қўйган газетачиларни кишанлаб турибди. Бунинг устига русчаси ҳам пишиқ. Москва газеталарига менинг номимдан ёзган мақолалари юқоридагиларнинг аразини анча юмшатди. Барибир бу болани назоратда тутишим керак. Яна уч-тўрт марта синаб кўраман, айниқса сўкиш синовига бардош берса, бахти кулди, уни ёнимдан айирмайман.

Шу пайт эшик очилиб, остонада новча бўйли, мўйловдор Мақсад Қул кўринди.

-Ҳамма костюм-шим кияди, галстук тақади, сен эса пахта теришга келган талабага ўхшаб кийиниб олибсан, -дея ҳазиломуз гап отди Каримов Мақсад Қулнинг қизларнинг кўйлаги сингари узун свитерига қараб.

-Зотан бугун пахта иши билан бандмиз, -дея тиржайди Мақсад Қул. –Жиддиятга келсак, новча ва озғин одамга костюм-шим ярашмайди. Костюм-шим кийиш учун сизга ўхшаб тўлачадан келган бўлиш керак.

-Аммо журъатли боласан, қолганлар эса қўрқоқ. Сендан бошқаси бундай кийинишга ва мен билан сен каби юзма-юз гаплашишга қўрқади. Ҳа, дарвоқе, китобларингни имзолаб бермоқчи эдинг, унутдингми?

-Астағфирулло, буни унутаманми? Крайновга бергандим, тортмангизга қўйган бўлиши керак.

Каримов эгилиб тортмасидан икки китобни олди:

-Ҳа, булар сенинг китобинг эдими, кўриб эътибор қилмабман. Қани, ўқийликчи, нима деб ёзибсан.

Каримов Мақсад Қулнинг қўл ёзмасини ўқий олмади. Калималарни нотўғри талаффуз қилишдан қочгани учун қайта ўқишга уринмади.

-Бундай ёзувларни муаллифга ўқитмоқ керак. Қани, ўзинг ўқиб берчи нима деб ёзибсан?

Мақсад Қул бироз ҳаяжонланди. Китобининг илк саҳифасида Каримовга хушомадгўйлик қилганди. Одатда китоб имзолар экан ҳеч ким аччиқ-алимсоҳ гап ёзмайди. Кўнгилни тоғ, кайфни чоғ қилувчи гаплар ёзилади. Мақсад Қул бу гапларни ёзиш бошқа, ўқиш бошқа эканлигини шу лаҳзада англади. Юрагининг остида жимирлаган бир нарса бутун вужуди бўйлаб “югуриб кетди” ва кичик бир томчига айланиб, бурнининг устида пайдо бўлди. Онийдан “йўқолиб қолган” товушини қидириб топиш учун бир-икки йўталиб олди-да, Каримовга қўл узатиб китобни истади. “Буғдойзор”… китобнинг номи ана шундай эди. У бир сония китобига термулиб турди-да, кейин илк саҳифасини очиб ёзганини ўқиб берди: “Мен тарих саҳифаларида таниган буюк саркарда ва давлат раҳбари Амир Темурдан кейин буюк жасоратни Сизда кўрдим. Зотан, темурийлар салтанати сурган заминнинг фарзандисиз. Сизнинг ёнингизда ишлаш Аллоҳ ва тарихнинг менга этган инъомидир…”

Каримов ўрнидан туриб Мақсад Қулнинг икки елкасидан ушлаб, бир силтаб бағрига босди.

-Ука, мард бола экансан! Ҳамма ҳам бу гапни айтишга журъат қилолмайди. Бу гапни менга эмас, халққа айта оласанми?

-Айтаман, мен икки юзли одам эмасман. Зотан, Сиз ҳақингизда китоб ёзишни бошладим.

-Китобни қўй, ука. Ҳозир бир мақоланг ҳам етади.

-Мақола эмас очерк ёзаман. Биз Сизга давлатни бошқаришни ўргата олмаймиз, Сиз ҳам бизга қандай ёзишимизни қўйиб беринг.

-Э, йўқ. Жуда катта нарса сўрадинг. Сен менинг жоним билан ўйнаяпсан! Сенларга нима ёзишни кўрсатиш давлатни бошқариш эмасми?

-Муҳтарам  Президентим, Сиз мени янглиш англадингиз, ўзингиз ҳақингизда ёзишда бизга эркинлик беринг.

-Яна бир қадам олдин кетдинг. Мен ҳақимда мендан сўрамасдан қандай қилиб ёзишинг мумкин. Менинг соҳибим менман! Сен мен ҳақимда ёзишинг мумкин, аммо мен кўриб берганимдан кейин сенинг мулкингга айланади.

-Умуман ҳақсиз, хато менда, -деди Мақсад Қул Каримовнинг жаҳли чиқишидан қўрқиб.

-Барибир ёзувчисан-да, ука, шу ерда ҳам “умуман” деган сўзни қўшиб юбординг. Ҳа, майли пахта плани тўлгани билан табрик мактубида ҳам ана шундай ортиқча сўзлар қўшиб юбормадингми?

-…

Мақсад Қул индамай табрик матнини узатди.

-Фақат русчами?

-Крайнов Миртемирга таржима қилдирамиз, деганди.

-Қани, уни ҳам чақир, -деди Каримов Мақсад Қулга.

Мақсад Қул чиқиб кетаркан, Каримов Московга телефон қилди. У СССР раҳбарига:

-Сизни безовта қилмоқчи эмас эдим, лекин рапорт бериб қўймоқчиман, пахта планини бажардик,-деди.

-Раҳмат, ҳозирги қийин шароитда ҳар қандай муваффақият келажакка қараб ташлайдиган одимларимизнинг пойдевори бўлади. Ҳар қандай муваффақият ошкоралик ва қайта қуришнинг мевасидир…

Каримов телефоннинг нарёғидан келаётган нутқни эринмай тинглади, кейин ўзининг режалари, “дардларини” ҳам айтди.

-Фақат ўзингдан кетиб қолма, нима истасанг, хўп деяпман. Сенга ҳаддан зиёд эркинлик бердим. Буни қадрла. Агар орқангда биз турмасак, бу эркинликни икки сонияда қўлингдан тортиб олишади. Бизга таянсанг, демак катта тоғга таянган бўласан…

Каримов телефонда гаплашаётган пайтда қабулхонадаги қизил чироқ ёнарди ва бу пайтда ҳеч ким ичкарига кирмас эди. Мақсад Қул билан Миртемир қизил чироқнинг ўчишини кутиб, оёқда гаплашиб туришарди:

-Сизнинг Девонга келганингиз яхши бўлди-да, оға. Аслида Ислом ака ёмон одам эмас, уни биргалашиб йўлга соламиз, -деди Мақсад Қул.

-Йўлга соламиз деганлар кўп, лекин у йўлга кирса-да.

-Қаранг, сессияда сиз уни нима кунга солдингиз, аммо депутатларнинг талабини бажариб, сизни Девонга ишга олдилар.

-Буни икки хил шарҳлаш мумкин, -дея жавоб қилди Миртемир. -Биринчидан, у киши мени бу ерга ишга олиб, бошқаларнинг кўзига сотқин қилиб кўрсатмоқчи. Бу ҳолда эртага йўқотиб юборса ҳам бировнинг иши бўлмайди. Иккинчидан, сайловни ўтказиб олгунча бизларни кучсизлантириш учун шу йўлга бош урган бўлиши мумкин.

-Сиз бу қадар хафақон бўлманг, оқсоқол самимий одам. Мана кўрасиз, халқимизга яхшиликни раво кўрган барча дўстларимиз шу девонга йиғилади. Сиздан олдин дўстингиз Дадахонни ишга олдилар, бошқаларни ҳам муҳим нуқталарга келтираяптилар. Демак, ҳаммамиз оқсоқол билан қўш қанот бўлиб ишлашимиз керак. Мен кўнглимга яқин олган инсонларни “оға” дейман. Оға, билиб қўйинг Каримов бизнинг бахтимиз. Аллоҳ кўрсатмасин ана у тошкентлик келиб қолса, ҳаммамиз учун сичқоннинг уйи минг танга бўлади.

-Негадир бу ерда ҳамма Шукрулло акадан қўрқади. Менимча бизнинг энг катта қусурларимиздан бири маҳаллийчилик. Тошкентлик бўлгани Шукрулло аканинг айбими? Умуман, пойтахтда барча вилоятлардан келганлар яшамайдими? Айниқса, биз зиёлилар бу хасталикни йўқотиш ўрнига илдизига сув қуйиб ўтирсак оқибатимиз нима бўлади?

-Оға, сиз буларни танимас экансиз. Мен шуларнинг юзидан дорилфунунни ташлаб, Московга кетиб қолгандим. Онамдан эмган сутимни бурнимдан суғуриб олишганди. Мени “келгинди”дея ҳақорат қилишганини унута олмайман.

-Агар сиз Марсдан тушган бўлсангиз, бу сўз учун хафа бўлишингиз мумкин. Бироқ, бу ер сизнинг ҳам ватанингиз. Ҳаммамиз шу тупроқнинг болалари. Шундай экан, бир тарбиясиз ўртага чиқиб “Сен Марснинг боласи” деса бир умр кин сақлаб юришимиз керакми? Мен Девонга ишга келган куним Каримов билан гаплашганимда икки шартим борлигини айтгандим. Биринчиси, маҳаллийчиликни тан олмайман. Ўтган сессияни ҳам пойтахтликлар уюштиришди, деб гап тарқатишди. Лекин сўзга чиққанларнинг рўйхатига назар солсангиз, бу гап иғво. Чунки сессияда Каримовга қарши пойтахтдан бир-икки киши сўзга чикди, қолганлар эса вилоятлардан. Иккинчи шартим, ҳар қандай масалани инсонга ўхшаб тортишув йўли билан ҳал қилиш. Агар мени ишонтира олса, мен кин сақламасдан фикрини қўллаб-қувватлайман. Агар мен уни ишонтирсам, у ҳам мард бўлсин.

-Менимча оқсоқол бу шартга риоя қилаяптилар. Ҳозир Девондаги асосий масалаларни сизга ишонмокдалар-ку! Бошқа маслаҳатчилар, ёрдамчиларнинг қони қайнаб юрибди. Ишончини қозониш учун сессияда “Онангни” деб сўкиш керак экан-да, деб юрганлар ҳам бор.

-Мен “онангни” деб сўкибманми?

-Энди, ўша машҳур гапингизни шундай шарҳлашяпти-да, аслида бошқача шарҳи ҳам йўқ.

-Сиз ёзувчи бўлиб шундай хулоса қилсангиз, бошқалардан ўпкаламасам ҳам бўлар экан…

38. ЖАҲЛ

Қабулхонага қараб очиладиган кичкина дарчадан югуриб чиққан Крайнов Миртемир ва Мақсад Қулга “Сизларни чақираяптилар” деди, кейин “Чироқ ҳам ўчибди-ку” дея қўшимча қилди.

Миртемир Каримов билан саломлашар экан:

-Бугундан бошлаб солиқларни ўттиз фоизга оширибсиз-ку?! -деди киноя билан.

-Нима деяпсиз ўзи? -Каримов бирдан жиддийлашди.

-Мана бугун газеталарни ўттиз фоиз оширилган баҳосига сотиб олдик. Сотувчи фақат газеталарга эмас, умуман ҳамма нарсага ўттиз фоиз қўшимча солиқ солинганини айтди.

-Ёлғон! -деди Каримов ва Мақсад Қулга юзланди. -Сен ҳам газета олдингми?

-Олдим, кечагидан қимматроқ экан, баҳолар ошгандир, деб ўйладим мен ҳам.

-Мен хабардор бўлмасдан қандай қилиб баҳолар ошади? Бу ўйин, сайлов олдидан мени шарманда қилишмоқчи. Халққа нарх-навони оширмайман, деб ваъда бергандим. Сайлов олдидан бу ўйинни ким ўйлаб топди?

Каримовнинг шиддат билан термулишига бардош беролмаган Мақсад Қул:

-Ҳа, бу орқадан пичоқ уришдир. Махсус уюштирилган иш бу! -деди.

Каримов Миртемирга юзланди:

-Доим мени танқид қиласиз. Мана ўзингиз кўрдингиз, мени қандай боши берк кўчага киритиб қўйишади.

-Ростдан ҳам сизнинг хабарингиз бўлмаса, у ҳолда текшириш учун имконингиз бор.

-Нафақат текшириш, балки бу хоинларни ўртага чиқариб, халқдан кечирим сўратиш керак. Ўз хатоларини ўзлари тузатишсин.

-Халқнинг олдига чиқиб, узр сўрашсин, -деди Мақсад Қул.

Унинг бу таклифи Каримовга ёқиб кетди ва у Крайновга Давлат планлаштириш қўмитаси раисини чақиришни буюрди. Мақсад Қул “Кўрдингми, бошқариш қандай бўлади” дегандек мағрурона Миртемирга қараб қўйди.

Каримов хонада у ёқдан бу ёққа бориб келар экан, оғзидан боди кириб, шоди чиқарди:

-Табрик мактубини нима қиламиз? -дея луқма ташлади Мақсад Қул.

-Табрик мактубини орқангга тиқиб қўй, -дея бақирди Каримов.

Мақсад Қул индамай бошини эгди.

Шу пайт хонага ҳовлиққанича планлаштириш қўмитаси раиси Бахтиёр Ҳамидов кириб келди.

-Эшак! -дея унинг қаршисига пешвоз чикди Каримов. -Нега солиқлар оширилади, менинг хабарим йўқ?

-Оширилгани йўқ, -дея қўлидаги дафтарларни варақлай бошлади Ҳамидов.

Каримов бир ҳамла билан унинг қўлидаги дафтарларни олиб улоқтирди. Саҳифалар икки хўрознинг жиққамушт бўлганида патлар ёғилгани каби хонага сочилди. Миртемир бу манзара қаршисида ҳангу-манг бўлиб қолди. Мақсад Қул эса отаси бақирганда қалтираб қолган боладек “тахта”га айланганди.

-Ўзингиз билан гаплашгандик, -деди Ҳамидов сочилиб кетган қоғозларни териб олмоқ учун эгиларкан.

-Онангни эри билан гаплашгандинг! -Каримов югуриб бориб Ҳамидовни тепаман деганди у ердаги варақни олиш баҳонасида чап берди ва қаддини ростлади. Каримов бир лаҳза мувозанатини йўқотиб қўйди. Лекин ўзини ҳамон қўлга ололмасди. Важоҳат билан С Ҳамидовнинг ёқасидан ушлаб судрай бошлади.

-Ким билан гаплашгандинг? Қачон гаплашгандинг? Балки Шукруллонинг найрангидир бу?!

-Биласиз, мен Шукруллони одам ҳисобламайман. Сиздан бошқасининг гапини бир тийинга олмайман. Ўзингиз ўттиз фоизлик солиқ ҳақида ҳужжат тайёрлашни буюргандингиз. Мен шундан бошқа гапни билмайман. Вазирларга шу топшириқни етказгандим.

-Кимларга айтгандинг?

-Савдо вазири ва Нарх-наво қўмитаси бошлиғига. Кейин Қишлоқ-кооператив савдо идораси раисига. Уларга солиқ солинглар деганим йўқ. Бу борадаги лойиҳани тайёрланглар, Ислом ака имзо қўйгандан кейин бошлаймиз, дегандим.

-Мен сенга ўшанда нима дегандим, мана буларга такрорла. -Каримов жавобни ҳам кутмасдан телефон ёнидаги тугмалардан бирини босиб: -Равил, зудлик билан савдони, нархни, бирлашувни топ! Ер остида бўлсалар қулоқларидан ушла, осмонга чиқсалар оёқларидан торт. Икки дақиқадан кейин шу ерда бўлсинлар. -Сўнг Каримов яна Ҳамидовга юзланди: -Нега жим турибсан? Гапир! Булар ўз қулоқлари билан эшитишсин.

-Сиз лойиҳани тайёрла, сайловдан кейин амалга оширамиз, дегандингиз.

-Бекор айтибсан! Лойиҳани Олий кенгашга тақдим этамиз, агар қабул қилишса ундан кейин шароитга қараб амалга оширамиз, дегандим.

-Билмасам, -дея елка қисди Ҳамидов. -Бу ёғини эшитмай қолган эканман.

-Эшитиш учун қулоқдаги патакни олиб қўйиш керак. Бу иш сенга оғирлик қилаяпти. Эртадан бошлаб Московдаги ваколатхонага ишга борасан, бу сен учун сургун. Ўзингни оқласанг, бир йилдан кейин олиб келаман.

Миртемир Каримовнинг бу ҳолига тушунмай қолди. Ростдан ҳам унинг хабари йўқ дейдиган бўлсак, Ҳамидов унинг юзига қараб топшириғи шу ҳақда эканлигини айтмокда, дея ўйлади. Агар хабардор бўлса, нима сабабдан бу қадар гувиллаб ёнаяпти? Ҳар ҳолда булар сайловдан кейин амалга ошириш учун анча-мунча нарса режалаб қўйганга ўхшашади. Ёки бизнинг сессиядаги жанжалимиздан кейин ҳамма ишни орқага ташлаган бўлишса керак? Ана шу сирли ишнинг учи кўриниб қолгани учун Каримов бу қадар қизимокда. Акс тақдирда қўмита раисини шартта ишдан олмасди.

Эшик очилиб котибият бошлиғи кўринди:

-Савдони топдим. Нарх қўмитаси раиси Қудрат Ахмедов хаста ётган экан, ўринбосари Нина Петровна келди. Бирлашувнинг раиси сиздан изн олиб вилоятга кетганди, ўринбосари Макарянни чақирдим.

-Олиб кир! -деди Каримов.

Чақирилганлар қўлларида бир дастадан папка ва дафтарлар билан ичкари киришди.

-Нима гап? -дея Каримов савдо вазири Усмоновга юзланди.

-Окажон, Павел окамиз чақирдилар, келдик.

-Окангни ҳам, Павел окангни ҳам, сени ҳам онангни (…) билдингми?

-Билдим, билдим…

-Билган бўлсанг, билганингни ҳам, билмаганингни ҳам (…)дим, билдингми?

-…

-Нимага жавоб бермайсан? Жавоб бер деяпман санга иплос!

-…

-Сен порахўрга айтаяпман, нега жим турибсан? Бу ерга ҳайкал бўлиш учун келдингми? Гапир, нега ўттиз фоизли солиқни қўлладинг?

-Окажон, ўзингиздан изн олгандим-ку?!

-Сен, итваччага нима дегандим?

-“Орқасидан гапи чиқмасин”, дегандингиз.

-Хўп, сен нима қилдинг?

-Бугун баъзи жойларда қўлладик, халқдан ҳеч қандай шикоят бўлган эмас.

-Сенга шикоят бўлмагандир, аммо мана менга шикоят бўлди. -Каримов шундай деб қўли билан кўкрагига гурс-гурс этиб ура бошлади. -Мана менга шикоят бўлди, мана менга… -Каримов “мана менга” сўзларига ҳамоҳанг қўли билан кўкрагига ураркан яна ҳам жаҳли чиқиб боя от устида бўлса, энди туяга минганди. Туяга минганда ҳам, туянинг устида тикка тургандек эди. Бирор томондан сал шамол эсгудек бўлса, осмон ерга, ер осмонга “қўшиларди”.

Миртемирнинг боши оғрий бошлади. Чиқиб кетсаммикан, деб ўйлади. Бу оғир томоша нима учун ўйналаяпти? Менинг асабларимни эговлаш учунми? Балки у бу гаплар мен орқали депутатларга етишини ўйлаятими? Ёки бу девондаги одатий ҳолми? Ундай бўлса бу одам бунча кучни қаердан олади? Ахир бундай вазиятга оддий одамнинг на асаби, на қалби дош беролмайди-ку? Соатлар давомида қил кўприкнинг устида юргандек бақириб-чақираркан наҳотки асаб торлари узилишидан қўрқмайди, бу одам?

Инсон ҳамма нарсага ўрганади, деган гап бор. Наҳотки, бу одам бировларни мунтазам сўкишга, таҳқирлашга, камситишга ўрганиб қолган? Агар шундай бўлса, вой бу халқнинг жонига! Ўрганиб қолган такдирда ҳам бундай ҳаётдан безмасмикан одам? Аслида жуда қизиқ, аввалига жаҳли чиқиши табиий эди. Лекин кейин ўз айбини ўзи нега очди?

Ҳатто Ҳамидов билан Усмонов унинг айбини яширишга уринишар экан, у такрор-такрор сўраб, терговчи жиноятни фош қилганидек, ўз айбини ўртага чиқараётганди. Буни билмасдан қилдими? Бу одамнинг билмасдан бир иш қилиши қийин масала. Хўш, билган такдирда бу сирнинг орқасида нима бор? Йўқ, ҳар ҳолда бу оддий инсоний масала. Жаҳл чиққанда ақл кетади, жаҳл жоҳилликни бошлаб келади. Бу ўйинни охирига қадар томоша қилолмасам керак. Чиқиб кетсаммикан? Агар бу масала менинг саволимдан кейин бошланмаганда, чиқиб кетишим тўғри бўларди. Лекин ҳозир кутиб ўтиришим керак. Аммо булар нега бу қадар тубанлашиб қолишган?

Онасини ҳақорат қилаяпти, ёқасига ёпишаяпти, лекин бир сочи сесканмайди. Булар мансаб гадоларими? Ёки мансаб ортидан тўраларча яшашга ўрганиб қолганлари учун қўрқишадими? Ундай десам, Ҳамидовни ҳам камситди, ҳам ишдан олди. У эса жим. Наҳотки, унинг виждон деган, исён деган туйғулари йўқ? Наҳотки, унинг одамийлик ҳисси ўлдирилган? Ахир бу қулдан ҳам баттарлик аломати-ку? Қулнинг қўлидаги, оёғидаги кишан унинг туйғуларини ҳам занжирлайди. Лекин буларнинг қўл-оёғи очиқ. Балки порахўрлик, кўзбўямачилик каби хасталиклар инсонни шу кўйга солар? Ёки бу қадар тобелик қонда борми? Агар қонда бор бўлса, охир-оқибатда ҳаммамиз хору-зор бўламиз…

Каримов Нина Петровнага қараб:

-Сен нега топшириқ бердинг, кимдан изн олдинг? -дея бақирди.

Нина Петровна йиғлаб юборди. Бу унинг исёни, деб ўйлади Миртемир. Булар ўзларини бировнинг оёғининг остига ташлашмайди. Ўз ҳақ-ҳуқуқларини ҳимоя қилишни билишади. Ҳатто таҳқирлашга лойиқ иш қилганларида ҳам ўзларини камситишга йўл қўймайдилар. Бу ҳам кичик мансабдор эмас, қўмита раисининг биринчи ўринбосари. Ҳеч бўлмаса кўз ёши билан исён қилмоқда.

-Кўз ёшингни дарё қил деб гапирганим йўқ! Нега нарх-наво ошишига йўл қўйдинг, деб сўраяпман?

-Бу саволни менга эмас Ахмедовга беришингиз керак. Мен ижрочиман, ҳатто бунга қарши ҳам чиққандим. Бу масала сессиядан анча олдин амалга ошиши керак эди, лекин топшириқ билан тўхтаб қолди. Кечикиб, энди амалга ошди.

-Демак, сиз бегуноҳ мусича, биз эса айбдор айиқ эканмиз-да?

-Ким айиқ, ким мусича эканлигини билмайман, лекин бу иш хато бўлганини биламан.

Каримов Нина Петровна билан ўчакишиб ўтирмади, Макарянга юзланди:

-Хўш, оғайни, сени кўзинг қаерда эди? Саунада ётганча бу қарорга имзо чекдингми?

-Ока, саунага борганим йўқ…

-Сен ҳам эшакликни ўрганибсан. Сени ўзимнинг одамим деб у ерга қўйгандим. Сен эса саунадан чиқмай қолдинг.

-Ока, у ерга хизматга бордим,  Равелжон Московдан келган меҳмонларни олиб бордилар…

-Ўчир товушингни, сен ҳали меҳмонларимга хизмат қилганингни юзимга солмоқчимисан? Улар менинг эмас, жумҳуриятнинг меҳмонлари, керак бўлса орқасини ҳам тозалаб қўясан, билдингми?

-Билдим.

-Нимани билдинг?

-… -Макарян жавоб ўрнига жилмайди. Бу эса Каримовни бироз юмшатди. У:

-Нима қиламиз? – деб Миртемир ва Мақсад Қул ўтирган томонга юзланди. Миртемир индамади. Мақсад Қул эса:

-Телевизорга чиқиб халкдан кечирим сўрашсин, -деди.

Каримов эсига нимадир тушган одамдек бир силкиндида:

-Смирно! -деди худди генералларга ўхшаб. -Направо, шагом марш, тўппа-тўғри телевизорга.

“Мусофирлар” президентимиз охирида юмшадилар, дея енгил тортиб, шахдам одимлар билан чиқиб кетишаётганди, Каримов тугмани босиб Крайновга:

-Назоратга ол, мана бу ҳаромхўрлар тўппа-тўғри телевидениега боришсин. Ҳам русча, ҳам маҳаллий тилдаги ахборотга чиқиб, кечирим сўрашсин, -деди. Кейин Миртемир ва Мақсад Қулга қараб:

-Энди чой буюрамиз ва ахборотни кутамиз, -деди.

Мақсад Қул Каримовни тамоман юмшади деб ўйлади ва қоғозларнинг ичидан бир шошилинчномани чиқарди:

-Мана буни Туркистон ҳарбий округдаги генераллар юборишган. Илгари ҳам айтгандим, шуни бир ёқлама қилайлик, -деди.

-Ҳожатхонага борганингда бир ёқлама қилиб қўя қол! -деди Каримов бамайлихотир оҳангда.-Яқинда Туркистонни битирамиз. Генералларнинг уйларидан биттаси сеники бўлади. Шавкатга ёки Исмоил акангга айт, сени ҳам рўйхатга тиркасин.

Миртемир ўрнидан туриб:

-Узр, менинг бошим оғрияпти, бундай об-ҳавога ўрганмаганимдан бўлса керак,-деди.

-Укажон, об-ҳавони биз қимирлатмадик, -Каримов шундай деб телефон тугмаларидан бирини босди-да: -Лимонли чой билан бош оғриғини қолдирадиган дори келтиринг, -деди. Кейин Мақсад Қул ёзган табрик мактубини ўқий бошлади.

-Табрик-мабрик йўқ! Ишлаган бўлса, ҳаммаси пулини олади. Биз ҳам ўз ишимизни қилайлик. Миртемиржон, ёзинг, сиз сайловолди учрашувларим учун нутқлар ҳозирлайсиз. Иқтисодчилар билан бўладиган учрашувда иқтисодга, колхозчилар билан бўладиган учрашувда қочириқ ва мақолларга кўпроқ ўрин беринг. Сен эса Мақсаджон, сайловолди дастурини тайёрла, ярим қоғоздан ошмасин, ўн-ўн бешта шиордан иборат бўлсин.

Ёрдамчи чойларни олиб келаркан дорини Каримовнинг олдига қўйди.

-Каминанинг боши оғримайди. Оғриса ҳам дориси бошқа, -дея ҳазиллашган бўлди Каримов.

Миртемир депутатлардан келган бир шикоятни қўлида олиб келганди. Кўрсатсамми, кўрсатмасамми, деб ўйлади. Кўрсатаман, агар Мақсад Қулга қилган жавобини менга ҳам такрорласа, бу ишга нуқта қўяман, деб ўйлади.

-Жиззах вилояти раҳбари Турсиновнинг қилмишлари ҳақида сўров тушган. Халқ назорати қўмитаси, прокуратура ва Олий кенгаш ҳайъатидан мутахассислар олиб, текширишга юборсак. Чунки жиддий айблов қўйилган,-деди.

-Ука, мен ҳеч кимга ишонмайман. Бу ишнинг бошида ўзингиз туринг. Турсиновнинг қилмишлари ҳақида жуда кўп хабар олаяпман. Бу ишни кимга ишонсам, барибир Турсиновнинг тузоғига илинади. У ҳар қандай одамни сотиб олади. Вилоят аҳлининг қонини зулукдек симирмоқда. Ўзингиз бориб, текшириб келинг, шармандасини чиқариб, олиб ташлаймиз. Халққа адолатни кўрсатишимиз керак. Халқ биздан бошқа нарса эмас, адолат кутмоқда. Текшириб келинг, аввалига яхшилаб фельетон қиламиз, кейин эса муҳокама қилиб, ишдан олиб ташлаймиз, сизнинг фаолиятингиз ҳам ўшанда кўзга кўринади. Иложи бўлса бугуноқ йўлга чиқинг…

39.ТОПШИРИҚ

Миртемир жиззахлик миллатвакили Мели Қобуловга сим қоқди:

-Вилоятингиздан юздан зиёд оқсоқол имзо чеккан шикоят бор. Шуни текширишда сиздан ёрдам олмоқчи эдим.

-Нима ҳакда ёзишган экан? -деб сўради Мели.

-Вилоят раҳбари ҳақида,-дея жавоб бераркан, Миртемир кўнглидан ўтган саволни ҳам сўрай қолди. -Нега вилоят раҳбари ҳақида нафақахўр оқсоқоллар ёзиб юришибди?

-Миртемиржон, овора бўлманг, ипнинг учи Каримовга бориб тақалади. Менинг ҳузуримга ҳам ўнлаб жабрдийдалар келдилар. Текширдим, текширтирдим шикоятлари тўғри. Кейин жумҳурият прокуратураси, Халқ назорати қўмитаси, Олий кенгаш ҳайъатига чиқдим. Оқибат, ҳозир менинг ўзимни кузатиб юришибди. Мени сессияда сайратган, номимни шикоятчига чиқарган ҳам шу масала. Аввалига сотиб олишга уринишди, кейин қўрқитишди, бу ҳам ишларига ярамади, сўнгра олдинги иш еримдан “Бунинг ақли жойида эмас, шу боис ҳайдалган” деган ҳужжат қилдириб газетага ёзишди. “Шпион” деган лақаб ҳам қўйишди.

-Ҳа, Олий кенгаш сессиясида гапирганингиз шу масала эдими? У ерда сизни вилоят кенгаши мажлисидан ҳайдаб чиқаришганини айтгандингиз…

-Биласиз, мен вилоят кенгашининг ҳам депутатиман, шу боис масалани олдин кенгашда кўтариб чикдим. Лекин гапиртиришмади. Агар орқаларида Каримовнинг ўзи турмаганида арқони узилган ҳўкиздек ҳаракат қилмаган бўлишарди.

-Мен Каримов билан гаплашдим, бу масалани охирига етказишимни сўраяпти-ку?

-Ундай бўлса жумҳуриятдаги барча ҳуқуқни ҳимоя қилувчи идоралардан мутахассислар олиш керак. Агар бу ишни бир ўзингиз текширадиган бўлсангиз, сотиб олишга ҳаракат қилишади, сотиб ололмасалар “саккизта машина” сўраганга чиқиб қоласиз.

-Саккизта машина деганингиз нима?

-Хабарингиз йўқми, вилоят раҳбарлари менга пора учун саккизта машина сўради, дея туҳмат қилишди. Ҳозир изимга хавфсизлик қўмитасидан пойлоқчи қўйишган, қариндош уруғларимни ҳам бир-бир элакдан ўтказишмокда.

-Мен сиздан ёрдам оламан десам, ўзингиз ёрдамга муҳтож экансиз-ку? -деди Миртемир Мелига.-Жиззахга борсак, сиз билан ҳам гаплашамиз, маслаҳатингиз керак…

Ҳақиқатдан ҳам Жиззах масаласи тобора чигаллашиб борарди. Миртемир кимга мурожаат этмасин ё текширишда иштирок этишдан воз кечарди ёки хасталаниб қоларди ёхуд бошқа бир муаммо ўртага чиқарди. Шу боис девондан, Олий кенгаш раёсатидан ва ҳуқуқ идораларидан вакиллар олиб ўзи Жиззахга борди. Вилоят раҳбарларини Олий кенгаш мажлисларида кўргани учун узокдан танирди. Жиззахга келгандан сўнг уларни дарров “кашф” этиб қўя қолди. Вилоятнинг биринчи раҳбари Турсинов унга :

-Ука, мен бу ерга бошқа жойдан келганман, ижроқўм раиси бошчилигида бир гуруҳнинг туҳмати остида қолдим. Улар вилоятни симиришмоқда. Мен эса йўлларига тўғоноқман, маҳаллийчилик қилишаяпти, -деди.

Миртемир биринчи котибнинг бошқа гапларига ишонмаса-да маҳаллийчилик тўғрисидаги сўзларига ишонди. Бу бизга қўндоқда теккан иллат, деб ўйлади у. Боболаримиз буюк императорликлар қурганлар, илм сирларини очганлар, юлдузларга йўл топганлар, лекин маҳаллийчиликка келганда дар қолганлар. Наҳотки бу миллатимизнинг қонида бор?!

Талабалик йиллари “Сурқаш”, “Самбух”, “Фан” каби номлар бўларди. Бу талабаларнинг қайси вилоятдан келганини билдирувчи парол эди.

Кейинчалик пойтахтда ишлар экан радиода ишлайдиган Зайниддин ака унга “Келгинди” деганида юрагининг бир парчаси узилиб тушгандек бўлганди. Биз қачон ана шу хасталикни енга олсак ўшанда катта миллатга ва катта давлатга айланамиз. Акс тақдирда чумолидек инимизнинг бошида уймалаб қолаверамиз. Ҳатто бир туманга борсанг ҳам, бир қишлоққа борсанг ҳам маҳаллийчилик илон каби оёғинг остидан чиқади. Мана булар эса маҳаллийчиликнинг илдизини яшнатишади-да, кейин ўзлари шикоятчи бўлишади. Миртемир хаёлидан йилт этиб ўтган бу фикрни таҳлил тарозисига қўйишни бошқа пайтга “отди”-да:

-Бўлиши мумкин, -деди босиқ сасда,-Лекин мана бу иддаоларни охирига қадар текширишимиз керак. Баъзилари аллақачон тасдиқланди. Масалан, гўшт комбинатига жиноятчилик қилган, ўн йил ҳукм олган ва қамоқдан қочган узоқ қариндошингизни бошқа вилоятдан олиб келиб, мудир қилиб қўйибсиз ёки давлат ҳисобига қурилган болалар боғчаси биносини ёш бир қизга ҳовли қилиб берибсиз…

Турсинов ўрнидан туриб, қизариб-бўзарганча бир нималар демоқчи бўлди, лекин тили айланмади. Хонада у ёкдан бу ёққа бир-икки бориб келди-да, Миртемирнинг қаршисида ўтирди:

-Нархини ошириб юбораяпсиз. Кўнглингиздагини айтинг!-деди.

Миртемирнинг бошига яшин тушгандек бўлди.

-Мен сизни тушунмадим, нима деяпсиз ўзи?-деди у .

-Мен ўғил болача гапиришни яхши кўраман. Бу ишга нуқта қўяйлик. Ўша нуқтанинг баҳосини айтиб қўя қолинг.

Миртемир узоқ йил газетада ишлагани ва ҳар турли одамлар билан рўбарў бўлгани учун ўзини тутиб қолди. Турсиновга қараб жилмайганча ўрнидан турди ва:

-Нуқтани халқ қўяди,-деди киноя билан.

-Ундай бўлса сиз вергул билан битирасиз ишингизни ва ўзингиз ҳам вергулга айланиб қоласиз,-деди заҳарханда жилмайиш билан Турсинов.-Бизнинг тўқмоғимиз остидан ўтганлар албатта вергулга айланишган. Сизга ўхшаб юрагим деб, ўпкасини ҳовучлаб юрганларни кўп кўрганмиз. Сессияда Ислом акага қарши гапирганингиз унутилди, деб ўйлайсизми? Истасам, Жиззахда ё пора билан ё гиёҳванд модда билан қўлга тушираман. Аммо биринчи сафар кечирдим. Бориб ўйлаб кўринг, фикрингиз ўзгарса, нуқтанинг баҳосини айтасиз. Мен сизнинг ундов бўлиб қолишингизни истайман…

Миртемир расмиятчилик учун вилоят раҳбари билан учрашганди. Унинг “образли” гапларига эътибор қилмайман деса-да, бу оғир гаплар хаёлининг бир бурчини тарк этмасди.

Аввалига вилоят раҳбари билан нега учрашдим, дея ўзини қийнади. Сўнгра ҳеч бўлмаса унинг кимлигини ўргандим, деб ўзини овутди. Турсинов каби раҳбарлар билан кўп учрашди, лекин бундай безбетига илк бор рўбарў келди. У бундай таври билан ўзини кўрсатмоқчи бўлдими? Ёки орқасида катта тоғ борлигига ишорат қилдими? Агар Каримов билан ораларида булбул сайраса, нега Каримов уни бу қадар ҳақорат этди? Ахир Каримовнинг ўз қардошига ҳам ишонмаслигини, ҳатто билмасдан оёғини босиб қўйса севган дўстидан ҳам кечиб юборишини наҳотки билмаса? Йўқ, билади, бунинг аҳволи жони узилаётган одамни эслатади. Жони чиқишидан олдин оёққа қалқиб, ҳаётга ташналигини кўрсатишга интилади инсон. Бу ҳам “ўзини” кўрсатаяпти. Балки орқасида бошқа куч бордир? Бу куч балки Каримовдан ҳам оғир босар? Аслида унинг таъзирини бериб қўймоқ керак эди-ю лекин булар ади-бади айтиб ўтиришга арзимайдиган одамлар. Уларга сиз яхши, сиздан тўнғизим яхши қабилида иш тутиш керак. Бунинг устига булар ўзларини қутқариш учун ҳар қандай қабиҳликдан қайтмайдилар…

Миртемир шикоятчиларни қабул этаркан, шом иниб қолган бир пайтда уни қўшни хонада телефонга чақиришаётганини айтишди. Каримовнинг ёрдамчиси Крайнов экан, салом-аликдан кейин:

-Ислом ака илтимос қилдилар, Муборакка бориб икки дўстингизни яраштириб келар экансиз, -деди.

-Муборакда менинг дўстларим йўқ-ку? -дея ажабланди Миртемир.

-Нега ундай дейсиз.? Ибод Тўра яқин дўстингиз, Жума Бек эса университетда бирга ўқиган курсдошингиз.

-Ибод Тўрани танийман, ижроқўм раиси, миллатвакили, лекин Жума Бек ким?

-Жума Бек райкомнинг биринчи котиби, Сиз билан бирга ўқиган. Ибод Тўранинг ўттизга яқин йигити очлик эълон қилган. Ислом ака Сизга ваколат бердилар, ким айбдор бўлса уни ишдан четлаштиришни таклиф қиласиз ва вилоят раҳбарлари дарров ижро этишади.

“Очлик қилишаяпти” деган гапни эшитган Миртемир ҳақиқатдан ҳам масалани фавқулодда жиддий, деб ўйлади.

Дарҳақиқат, Муборак масаласи икки йилдан буён Каримовнинг ҳам, жумҳурият ташқарисидаги матбуотнинг ҳам кун тартибида. Лекин шу дақиқада Миртемир Жиззахдаги ишни чала ташлаб кетгиси йўқ. Бу ишни охирига етказишга қарор қилганди. Агар кетиб қолса, у билан бирга келган текширувчиларнинг ҳоли нима бўлишини яхши тасаввур қиларди. Шу боис Муборак масаласини икки кун кейинга қолдирмоқчи бўлди. Кечки овкат пайтида текширувчиларга:

-Икки кундан кейин пойтахтга қайтамиз. Шу боис текширишни бироз тезлаштиришларингизни сўрайман,-деди.

-Икки кун у ёқда турсин, икки ойда ҳам натижа олишимиз қийин. Менинг қўлимда дом-дараксиз йўқолган ўн икки кишининг исми-шарифи бор. Уларни миршабхонага қадар келтиришгани ҳақида маълумот берувчи гувоҳлар бор. Лекин миршабхонадаги барча ҳужжатларни вилоят раҳбарлари талаб қилиб олишган. Сўрасак, ҳар турли баҳона кўрсатишаяпти,-деди улардан бири.

-Биз ревизия қилиш учун келмадик,-деб жавоб қилди Миртемир.-Бизнинг мақсадимиз шикоятларнинг тўғри ёки нотўғри эканлигини, сиёсий хулосани айтишдир. Йўқолган инсонларнинг вилоят раҳбарлари ҳақида шикоят ёзганлари ва бир кун миршабхонага келтирилганлари биз учун етарли ҳужжат. Уларнинг қисматлари ҳақидаги далилларни ўртага чиқариш эса иккинчи этапда амалга ошади. Ҳозирги раҳбарлар турган экан, икки ой эмас, икки йилда ҳам кўртугунни ечолмаймиз.

Миртемирнинг бу гапига вилоят ҳокимлигидан ҳайъатга қўшилган киши эътироз билдирди:

-Нима, Сиз раҳбарларимизни айбдор, деб ўйлаяпсизми?

-Биз суд ёки қарор берувчи мавқе эмасмиз, лекин ҳайъатнинг йўлига тўғоноқ қўйилаётгани кўриниб турибди,-деди Миртемир.

-Сиз бу соатдан эътиборан текшириш ҳайъатининг бошида эмассиз. Ислом ака Сизга бошқа иш буюрди,-деди вакил жаҳли чиққанини очиқ намойиш этиб.

-Ислом ака бу ҳақда Сизга ҳисоб бердими?

-Ҳисоб бериб-бермаганини ўзингизга айтади. Бизга эса сизни Муборакка кузатиб қўйиш айтилган.

-Ғамхўрлигингиз учун раҳмат, -деди-да Миртемир ҳайъат аъзоларидан йиғилган ҳужжатларни олиб, уларга қарата ҳар ҳолда сизларни ҳам пойтахтга кузатиб қўйишса керак, шундай эмасми? – деди. Кейин вакилга юзланганди у:

-Бу қоғозларни йиғишингизга ҳам ҳожат йўқ,-деди.

-Бунга эса мен қарор бераман! Қолаверса, Муборакка эмас, ҳайъат билан пойтахтга бораман, -деди Миртемир ўчакишиб.

Миртемир ади-бади айтиб ўтиришни истамади. Хонадаги биқиқ ҳаво уни бўғаётганди. Бўйинбоғини бироз юмшатиб, кўйлагининг юқори тугмасини очди-да ташқарига чикди. Зим-зиё қоронғулик вилоят меҳмонхонасининг ҳар тарафини қоплаб олганди. Онийдан эсган саррин шабада Миртемирнинг ҳорғинлигини юлиб кетгандек бўлди. У бироз енгил тортиб қоронғулик томон одим отди. Саррин шабаданинг бўғзига қадар оқиб кираётгани ва ортга қайтаётганини ҳис этди. Чуқур-чуқур нафас олди, лекин ҳаво бўғзидан нарёққа ўтмаётганди. Ҳаво ҳам “тўни”ни тескари кийиб олганга ўхшарди. Миртемир ана улар билан ўчакишиб ўтирмадим,  энди ҳаводан ўпкалайманми, дея ўйлади-да ортга қайтди. Шу пайт қоронғуликда, қаршисида биров турганини сезди. Ким бўлдийкин? Миртемир ўша томонга қараб турганди:

-Илтимос, оқшомги овқатни еманг, иложи бўлса бу ерда қолманг, -деди кимдир пичирлаб ва кўздан ғойиб бўлди. Бу четдан келган одам эмас, деб ўйлади Миртемир, чунки вилоят меҳмонхонасининг ҳовлиси қўриқланади, бунинг устига четдаги одам бу ердаги воқеалардан қандай хабар топсин? Бу ердан кетишимга ишонишмаганга ўхшашади, шу боис қўрқитишмоқчи.

Миртемирнинг хаёлини вакил бўлди.

-Ака, чойимиз тайёр… -Вакил ҳийла юмшаб колганди.

-Чой ичиш йўқ!-деди Миртемир.

-Аввал бир пиёла чойимизни ичасиз, кейин Муборакка борадиган машинамиз билан йўлга чиқасиз. Агар Сизни кузатиб қўймасак, бошимиз кетади. Чунки Муборакда одамлар очлик эълон қилишаётган экан. Уларнинг тақдирини Сизга ишонишди… Боя бироз қўполлик қилдим, одоб чегарасидан чиқдим, асаб тамом бўлган, ака, айбга буюрмайсиз…

Туллак, деб ўйлади Миртемир, буқаламун ҳам сенга ўхшаганларнинг ёнида ип эшолмайди. Ҳар сонияда турланасан. Аммо нега пойтахтга боришимни истамаяпти булар? Балки бирор режалари бордир? Аввал Муборакка телефон қилиб, Ибод Тўрадан вазиятни ўрганишим керак. Сўнгра Каримов билан гаплашиб, бу текширишни охирига қадар етказиш муҳимлигини тушунтиришим лозим.

Миртемир Ибод Тўранинг уйига сим қоқди. Унинг пойтахтда эканлигини айтишди. Кейин Крайновга телефон қилди. Крайнов Каримов уйига кетганлигини айтиб, маслаҳатчи Зиёмовни боғлади.

-Ислом ака менга бу ишни назорат қилиб туришимни айтдилар. Сизни аллақачон Муборакка етиб борган деб ўйлагандик. Вазият жиддий, райкомнинг биринчи котиби бу кеча ухламасдан Сизни кутади.

-Жиззах нима бўлади? Бу ердаги ҳайъатни орқага чақириб олишни ким буюрди? -Гарчи бу хусусда Миртемир узил-кесил хулосага эга бўлмаса-да, воқеаларнинг ривожидан ҳайъатни чақириб олиш буйруғи берилганини тахмин қилди.

-Ислом аканинг ўзлари буюрдилар. Қўлингизда тўплаган далиллар бўйича ҳисобот ёзиб берар экансиз. Иш пишиб қолган, яқинда бориб сессия ўтказиб, вилоят раҳбарини бўшатиб келар эканлар. Муборакда эса вазият жиддий, Сиздан шахсан илтимос қилдилар, -деди Зиёмов.

Миртемир йўлга чиқаркан Мелини четга тортиб:

-Қўлингиздаги барча ҳужжатларни олиб, ҳафта охирида пойтахтга келинг, ҳисоботни биргалашиб ёзамиз, -деди.-Аммо пойлоқчилардан эҳтиёт бўлинг, буларнинг қўлидан ҳар қандай иш келади.

-Сизнинг ҳам Муборакка боришингиз тўғри бўлмаяпти. Менга йўл кўрсатиб, ўзингизга қолганда хавф-хатарни ўйламаяпсиз.

Миртемир Мелига маънодор боқди-да, машина ёнида турган вакил билан хайрлашиб, йўлга чиқди. Йўлда шофер йигит билан ҳангома қилиб борар экан, унинг миршаблигини билиб олди.

-Йўлимиз мен туғилган шаҳардан ўтади. Бизнинг уйда тунаб қолсак, саҳарлаб йўлга чиқиб, эрталаб етиб борамиз,-деди у миршабга.

Миршаб кўнмади:

-Сизни чегарада кутиб олишади, мен эса қайтиб келиб, рапорт беришим керак.

Миртемир миршабни кўндириш осон бўлмаслигини тушунди-да:

-Ундай бўлса, ярим соатга тўхтаб бир пиёла чой ичамизда, йўлимизда давом этамиз,-деди.

-Имкони йўқ. Орқамизда одамлар бор. Кейин бошим балога қолади. Сизни соғ-саломат манзилга етказишим керак.

Миртемир ўзи туғилган шаҳарга қадар индамай борди. Воқеаларни қайта-қайта таҳлил этди. Булар бирор бир аварияни кўзга олдиларми, деб ўйлади у. Ёки авария баҳонасида ҳужжатларни олишмоқчими? Агар мени текширишдан узоқлаштирадиган бўлишса, пойтахтга чақириб қўя қолишарди. Йўқ, Каримов бу ишни силлиққина ҳал этмоқчи бўлган. Булар эса хол қўйишаяпти. Каримов мени Муборакка юбориб, бошқа иш билан чалғитмоқчи ва Жиззахни унуттирмоқчи бўлган. Каримовнинг бу “силлиқ” режасини бажариш учун булар “қўлидан келгани”ни қилишмокда. Менимча авария ҳам йўқ, ҳужжатларни ҳам олиш йўқ. Буларга вақт керак. Лекин ана шу вақт нима учун керак? Нега бирданига бундай вақт керак бўлиб қолди? Агар вилоят ҳокимини ишдан олишга қарор қилинган бўлса, бу вақтга ҳожат йўқ. Лекин нега, нега керак бўлди бу вақт?

Миртемир вақт жумбоғини ечолмай ҳалак эди. Шу боис машина аллақачон шаҳарни четлаб ўтганини ҳам сезмай қолди. Миршаб айтганидек, чегарада кутиб туришган экан. Миртемир вилоят ҳокимининг биринчи ўринбосарини таниди. Илгари ҳам бир маротаба келганди, ўшанда танишгандилар. Тортишувни яхши кўрадиган одам. Агар раҳбарларни ҳимоя қилиш керак бўлса, бутун ақл-идроки, мантиқ-махфиратини ўртага қўйиб тортишади, уларни ҳимоя қилади. Демократияга тиш-тирноғи билан қарши. Миртемир уни илгари узоқ йиллар прокурор бўлиб ишлагани учун “тош”га айланиб қолган деб ўйлаганди. Чунки тартиб-интизом ҳақида гапирар экан, “тартиб” сўзининг олдига “қатъий”, “интизом” сўзининг олдига эса “темир” калималарини қўшишни ҳеч унутмасди. Каримов шу вилоятда раҳбар бўлган, балки ўша пайтда унинг номини ён дафтарчасига ёки хотира китобига ёзган бўлиши мумкин. Балки бу йигитнинг ўзи Каримовнинг феълу фитратини яхши ўрганиб, унга мослашган бўлиши ҳам эҳтимолдан холи эмас. Хуллас, нима бўлганда ҳам Миртемирнинг қаршисига яна бир “девор” чиққанди.

Улар чегарадан вилоят марказига эмас, тўғри Муборакка қараб йўлга чикдилар.

-Ибод Тўра пойтахтда экан, борганимиз билан у бўлмаса, нима қиламиз?

-Ибод Тўрани ишдан бўшатдик. У шикоятга кетган. Бугун Каримов билан учрашди. Ислом акам унинг таъзирини бериб қўйдилар, энди бу ерларга қайтиб келмаса керак.

-Ҳеч нарсада адашмасангиз ҳам бу хусусда адашдингиз. Чунки Ибод Тўра ўжар, ўжар бўлганда ҳам ҳеч йўлдан қайтмайдиган ўжар…

Миртемир шундай деди-да, ҳамсуҳбатининг жавобини кутмасдан хаёлга берилди. Ибод Тўранинг номини илк бор “Озодлик” радиосидан эшитганди. Сайловлар арафасида ҳам шаҳар кенгашига, ҳам Олий кенгашга номзодини қўйганди. Ўшанда шаҳардаги газни қайта ишлаш заводи русларнинг қўлида бўлгани ва шаҳардаги хонадонларга атайлабдан газ берилмаганини айтганди. Сайловдан кейин уни ижроқўм раиси этиб сайлашди. Биринчи қилган иши миршабхона ва прокуратурадаги коммунистик партия шўъбаларини тарқатиб юборди. Бу коммунистик партиянинг бошида турган Каримовга қарши исён эди. Исён бўлганда ҳам икки карра исён эди. Чунки Москва газеталари “Каримов жумҳуриятда илк зарбани ўз вилоятидан олди”дея ёзишди.

Вилоят раҳбарлари ҳам типирчилаб қолишди, чунки улар миршабхона ва прокуратурани партия йўли билан қўлда тутардилар. Ибод Тўра эса бу идораларни уларнинг қўл остидан чиқариб, ўз назоратига олди. Бу орада шаҳарда хусусий телевидение очиб, ҳамма нарсани ошкоралик йўли билан ҳал қила бошлагани маълум бўлди. Ўшанда Каримов бу телевидениени ёпиб ташлагани боис Ибод Тўра Олий кенгашнинг Миртемир ишлаган қўмитасига шикоят қилиб борганди. Миртемир вилоятга келиб буйруқ ҳам, ижрочилар ҳам теппадан келганини ўрганди ва масалани қўмита мажлисига олиб чиқди. Лекин қўмита раиси Эркин Воҳидов бу ишни хўржинга ташлади.

-Кимлар очлик қилган экан? -дея хаёл суриб бораётган суҳбатдошидан сўради Миртемир.

-Уҳ-ҳу, бундан ҳам хабарингиз бор-ку?

-Хабаримиз бўлмаса, нимага бораяпмиз?

-Сизни райкомнинг биринчи котиби таклиф қилган, курсдошингиз экан. Бир пиёла чойини ичамиз. Қолган масалани эса ўша ерда гаплашамиз. Очлик қилганларга келсак, Ибод Тўранинг ижроқўм аъзолари очлик қилишмоқчи эди, лекин йўл қўймадик. Чунки қонунларимизда “очлик қилиш мумкин” деган жойи йўқ. Бунинг устига улар очлик қилишдан аввал бир қоп нонни қуритиб олишибди. Нима эмиш? Қуритилган нон ейиш овқат ейишга кирмасмиш. Ҳа, баччағар, очлик қилсанг, ҳеч нарса ема! Қотган нон еб, сув ичиб, яна очлик қилаяпман, дейишинг, исён эмасми?

Миртемирнинг авзойи бузилди. Қандайдир ўйин ўйналаётганини сезарди-ю лекин бу ўйиннинг ип учини тополмаётган эди.

Ҳа, Миртемир қанча ўйламасин, бу ўйиннинг ип учи унинг хаёлига келмасди. Чунки бу ўйин Каримовнинг хаёлига ҳам тасодифан келганди. Яъни сарой аъёнлари томонидан Каримовнинг фикрига суқилганди бу ўйин.

40. ЎЙИН

Турсинов аввалига ўзи билан ўзи олишди: Нега унга қўпол муомала қилдим? Булар ҳали ёш бола, ниҳолдек гап, қаёққа эгилтирсанг ўша томонга қараб ўсади. Ширин гап билан илон инидан чиқади, деганлар. Йўқ, ёлғон гап. Ширин гап билан сеҳргар ҳам илонни инидан чиқара олмайди. Балки мақолни нотўғри ўйлагандирман? Аслида ҳамма нарсани очиқ гапириб тўғри қилдим. Игначининг минг ургани, темирчининг бир ургани. Ё йўлимга соламан, ёки пачақлаб ташлайман. Бундайларни ўйин билан синдириш керак. Шохидан қўрқсанг кейинчалик думидан ҳам қўрқадиган бўласан. Лекин ҳозир гап Каримовга боғлиқ. Миртемирнинг калити ҳам Каримовда.

Ҳа, аслида Каримовни яхши билар ва унинг Миртемирни жазолашига ишонарди. Шунинг учун ҳам бир йўлини қилиб унга ёқиб қолиш учун Миртемирни “пушкага” олди.  Шунинг учун  Мавлонга телефон қилди:

-Мавлонжон, бу ишни тўхтатинг, бошингиздан олтин сочаман.

-Акажон, олтиндан шашлик пиширамизми? -юмшоқ ҳазил қилди Мавлон.

-Олтинлар Ҳалима опага қолсин, Сизга ўзим қўй сўйиб, қуйруқли шашлик қилиб бераман.

-Шашликни мен ейман-у лекин ана у илон жирканади.

Мавлон Темур Алимов билан чиқишмас эди. Мавлон Алимовни “Илон”деса, Алимов уни орқаваротдан “Чаён” дерди. Бошқалар эса ҳар иккаласини мажлисларда ёнма-ён кўриб, Каримовнинг “Илон-Чаён”лари дея писир-хисир қилишарди.

Каримов Мавлонга кадрлар масаласини, Алимовга эса ҳуқуқ-тартиботни топширганди. Иккаласини бир-бирига қайраб қўйган ҳам Каримовнинг ўзи.

Мавлонга: “Ана у “Илон”дан кўз-қулоқ бўл! Миршаблардан пора олаётган экан. Бунинг устига ҳамма ёқни тошкентликлар билан тўлдириб юборди. Ўзига сездирмай қилмишлари ҳақида ҳужжат тўпла” дерди.

Алимовга эса: “Ана у “Чаён”га ишонгандим, лекин топиб келган кадрлари бир пулга қиммат. Хотинининг бўйнидаги товокдай-товокдай келадиган зебу-зийнатлар ҳам эри оёғини тўғри олмаётганини кўрсатади. Унинг ҳар бир қадамидан мени хабардор қилиб тур” дерди.

Бу орада “Ҳеч кимга айтмаслик шарти билан” Алимов тўплаган ҳужжатларни Мавлонга, Мавлон тўплаганларни эса Алимовга кўрсатиб қўярди. Ҳар иккиси ҳам Каримовнинг “содиқ”лигидан ўзларини қушдек енгил ҳис этишсада душманлари қаршисида ҳамлага отилган йиртқичга айланишарди. Шу боис ҳар иккаласининг ҳам юрак остидаги адоват уруғи аллақачон ниҳолдан улкан дарахтга узанганди.

Гарчи хоналари бир қаватда, ҳатто эшиклари қарама-қарши бўлса-да, баъзан эрталабдан оқшомга қадар юз кўришмасдилар. Лекин Мавлоннинг хонасидан пашша учса ўтса,  Алимов пайқар, Алимовнинг деразаси очилиб-ёпилса Мавлоннинг дафтарида қайд этиларди.

Бир куни Алимов сафарда аварияга учради. У хастахонада ётар экан, Каримов Мавлонни чақирди:

-“Илон” яримжон бўлиб қолди. Бунинг устига ётган жойида ҳам мансаб сотаётган экан… Дарвоқе, бу хусусда сенда ҳам бирор гап борми? Қулоғингдан қочадиган гап йўқлигини биламан, шунинг учун ҳам бошқалардан эшитганимга ишонмай сен билан муҳокама қилаяпман.

Мавлон жуда ҳуркоқ, оғзига занжиртўр солинган итдан ҳам қўрқарди. Болалигида доим чўпонларнинг итлари билан ўйнарди. Бир куни таёқ билан итнинг тумшуғига урганда, у шанғиллаганча ўзини Мавлоннинг устига отди. “Чўпон амаки” келиб қутқариб олмаганда, бир жони еттита бўларди. Ўшандан буён итнинг акиллашини эшитса, оёғи қалтирайди. Аввал бошининг энг тепа нуқтаси жимирлайди, сўнгра минг-минг чумолилар бошидан оёғига, оёғидан бошига югуради.

Худди ана шу ҳисни Каримовнинг ҳузурига кирганда ҳам такрор-такрор яшайди. “Нега?” дея ўзи-ўзидан сўради бир неча марта, лекин жавоб беролмади. Мансабдан отилишдан қўрқадими? Ёки сирлари очилиб қолиши безовта этадими? Балки Каримов дўппослаб қолишидан ҳуркийдими? Хуллас, ҳозир ҳам вужуди жунжикиб, икки қўлини олдинга олганча тахтадек қотиб қолди. Жилмайишга ҳар қанча ҳаракат қилмасин, лаблари музлаб қолгандек, ҳатто сохта тиржайиш учун ҳам майл бермас эди.

-Ўтир, -деди Каримов унга.

У Каримовнинг унча-бунчага ўтир демаслигини яхши билади. Фақат бирор нарса ёздирмоқчи бўлсагина “ўтир” дерди. Аксига олиб Мавлон қўлидаги кундалик дафтарини Крайновнинг ёнида унутди. Бирдан қўрқув босди уни. “Нима қиламан энди?”, деб ўйлади. Қандай қилиб “Мен қабулхонада кутиб тургандим, бирданига Сиз чиқиб қолдингиз. Дафтарни олишга ҳам улгурмадим”, дея олади. Музлаб турган бадани бирданига оловнинг ўртасига тушиб қолган одамнинг вужуди каби жизирлай бошлади. Сочларининг остидан сизиб чиққан тер ёноқларига қадар ирмоқчалардек оқиб келди. У ҳозир бир томчи тер столнинг устига оқиб тушса, ҳаётим тамом, деб ўйлади-да, чўнтагидан рўмолчасини олмоқчи бўлди. Лекин қўли унга бўйсунмади. Шу пайт вужудида бошқа бир ўзгаришни сезди. Аввал кўкрагида пайдо бўлган муз бир зумда сочларининг остидаги терга қадар етиб борди. Баъзан Мавлон ана шундай ҳолатларни яшагандан кейин “юрак дегани хўп бақувват бўлар экан” деб ўйларди, аммо духтирга бориб назоратдан ўтишга вақт тополмасди ёки “Илон”нинг “Мавлон хасталанибди”, дея гап тарқатишидан ҳайиқарди.

-Нима мендан яширадиган гапинг борми? Ёки “Илон”нинг боши эзилди, деб елкангдаги тоғни улоқтириб юбордингми?

-Й…ў…қ! -деди Мавлон тили айланмай.

Қўл остида ишлаган кишиларнинг бундай ҳолати Каримовга ёқарди. У ҳамманинг ана шундай қалтираб туришини истарди. Шу сабабдан баъзан-баъзан уларни рағбатлантириб турарди.

-Қани укажон, бир бошдан шошмасдан гапиринг-чи.

Каримовнинг бундай юмшаши гарчи сунъий бўлса-да, Мавлоннинг жонига ора кирди. Икки оғиз ширин гап унинг музлаб ётган вужудини эритди ва томирларига дармон югургандек бўлди. Айланмаётган тили ҳам ўз-ўзидан ҳаракатга келди.

-Ҳалиги, Ибод Тўранинг ишини ётган жойида тўхтатиб қўйибди…

-Қайси ишини?

-Сиз Зокир Алматовга бир топшириқ берган экансиз, ўшани тўхтатибди.

-У топшириқни сен қандай билдинг?

-“Илон”бутун маҳаллага ёйганга ўхшайди. Ибод Тўрага суиқасд…

-Ўчир товушингни! Суиқасд-муиқасд деган гапни эшитмайин. У “Илон”нинг ўзига суиқасд қилиш керак! Вой, аблаҳ! Вой, эшак! Вой, энағар! Сени одам деб юрсам, ростдан ҳам илон чиқиб қолдинг-ку! Ё ўлишингни билиб кафанингни олтиндан қилмоқчи бўлдингми?

Каримов столнинг устига зарб билан урди-да, Мавлонга юзланди:

-Ҳозироқ қарор ёзиб кел, “Илон” ишдан қувилди. Ўрнига одам топ, духтирларга айт, ҳукумат касалхонасидан қувишсин. Бориб битхонада ётадими, отхонада ётадими, ўзи билади. Аммо назоратда тут. Менга унинг ўлиги эмас, тириги керак. Уни ўлгандан баттар қиламан.

Мавлон Каримовнинг хонасидан чиқар экан, юраги ҳам қинидан чиқаётгандек эди. У катта тоғни ковлаб, ташна одамларга сув етказган одамлардек шод эди. Бу онийдан келган ғалаба шу қадар эсанкиратди-ки олтинчи қаватдан бешинчи қаватга тушадиган зинада оёғи қайрилиб кетди. Бир умбалоқ ошиб тушса-да, ҳеч нарса бўлмагандек шарт ўрнидан туриб, хонасига қараб оқсаб-оқсаб югурди. Ўшанда қабулхонада Миртемир ўтирганди. Мавлон югуриб келиб уни қучоқлади:

-Жўражон, табриклайман! Ўзимни ҳам, Сизни ҳам, халқимизни ҳам! Балодан қутулдик. “Илон”кетди, бутунлай кетди, онасиникига кетди…

-Нима, авариядан кейин ўлдими? -дея ажабланиб сўради Миртемир.

-Ўлмасдан беш баттар бўлди. Ишдан қувилди. Ҳозироқ қарор ёзиб, қўл қўйдириб келаман. Шу сабабдан узр, менга бироз вақт беринг.

-Астағфируллоҳ ! -деди Миртемир.-Узрга ҳожат йўқ. Мен шошмаяпман.

Мавлон оқсаганча қабулхонадан ўз хонасига юрар экан, Миртемирнинг кўзи оғзини юмганча кулаётган секретар қизга тушди. Секретар қизнинг нигоҳлари сирни бой бериб қўйди. Мавлоннинг шими орқа чокидан сўкилиб, ич кийими кўриниб қолганди.

Ўшанда Мавлон дарҳол қарор тайёрлаб Каримовга қўл қўйдириб олди. Фақат Каримов унга “Ҳозирча эълон қилма, эшитганлар ўлмасдан тобут тайёрлашибди” дейишмасин. Касалхонадан чиқар-чиқмас ўрнига бошқа одам тайёрлаймиз”, деди.

Мавлон ишонмаганларга Каримов қўл қўйган қарорни кўрсатиб, мақтаниб юрди. Лекин бир куни Мавлоннинг бошига тош ёғди. У хонасидан чиқаётганди қаршисида “Илон”ни кўриб қолди. Қўлтиғига бир қанча папкани қистириб олган Алимов юқоридан, Каримовнинг ҳузуридан тушиб келаётганди. Мавлон бошининг ўртасига тош билан урилган одамдек эсанкираб қолди. Алимов эса жиддий қиёфада унга қайрилиб ҳам қарамасдан ўз хонасига кириб кетди. Мавлон қанча вақт туриб қолди ўзи билмайди. Эс-ҳушини тўплаганда ёнида ўринбосари турарди.

-Нима гап? -деди у ўринбосарига.

Ўринбосар Алимовнинг хонасига қараб елкасини қисди.

-Бу касалхонадан қачон чиқди?

-Билмадим, -деди ўринбосар.

Мавлон орқага қайтди-да Крайновга телефон қилди.

Мавлон Крайновдан бирор нарса сўрамасиданоқ жавоб олди:

-Ислом ака имзоланган қарорни олиб, йиртиб ташлашимни сўрадилар.

-Нима бўлди ўзи?

-Ҳар ҳолда шўрва эмас, паловга ўхшайди.

-Касалхонадан қачон чиқди?

-Беш дақиқа олдин. Машина юбориб олиб келтирдик.

Мавлон телефон дастасини қўйди-да, кўкрагини ғижимлади. Ранги докадек оқарди. Қабулхонадаги стулда ўтириб қолди. Секретар қиз тортмадан дори олар экан, ўринбосари бир бардоқ сув қуйди. Мавлон дорини ичиб бўлганди ҳам хонасидаги телефоннинг жиринглаши найзадек вужудини тешиб юборди. Бу қора телефон эди. Фақат Каримовгина сим қоқадиган бу телефоннинг саси шу қадар баланд эдики, Мавлон уни пасайтириб қўйишга ҳам ҳайиқарди. У югуриб ичкарига кирди. Каримов узоқ гапирмади:

-Қарорни Крайновга чиқариб бер. Алимов ишини давом эттирсин. Лекин кўз-қулоқ бўл. Вақти келса, тагига сув қуямиз…

Шундан кейин, Алимов билан оралари яна ҳам бузилди. Энди Алимов Мавлоннинг телефондаги гапларини ҳам эшитаётганди. Шу сабабдан Мавлон Турсинов билан очиқ гапириб қўйганидан сесканди. Хатосини тузатмоқчи бўлди.

-Аслида у киши ёмон одам эмас. Ўзингиз гаплашсангиз ёрдам беришлари мумкин. Бизни бир-биримизга қайраб қўйишди. Мен сиз томондаман…

Турсинов Мавлон билан гаплашиб бўлгач, Алимовга телефон қилди:

-Бу гапларни телефонда гаплашмайдилар. Икки соатлик йўл, машинага чиқингда, етиб келинг,-деди Алимов.

Турсинов келганда Алимов уни илиқ қаршилади.

-Мавлон билан орангиз яхшилигини биламан. Аммо иш бу билан битмайди. Менга ҳам кўп ёрдамингиз теккан. Сизни Ислом акага ана у тирранча депутатлар ёмон қилиб кўрсатган. Ҳозирданоқ уларнинг айтгани бўладиган бўлса, кейин ҳолимизга маймунлар йиғлайди.

-Мени қутқазинг. Айтганингизни қиламан. Оғзингиздан чиққаннинг икки қатини муҳайё қилмасам эркак эмасман!

-Майли, у гапларни кейин гаплашамиз. Аввал сизни қутқарайлик. Ҳозир бориб Мавлонга учрашинг, юқорига чиқиб сизни ҳимоя қилсин. Ҳар хил сассиқ гаплардан узоқ турсин. Кейин Зиёмовга учрашинг. Мавлондан сўнг у кирсин, Жўрабеков билан кўришинг. Зиёмовдан кейин Крайнов уни чақирсин, ҳаммасини кўндиринг. Кечқурун нуқтани мен қўяман. Ҳаммаси Жиззахда одамлар сизни исташаётгани, агар ишдан олинсангиз сайловда ҳар турли воқеалар юз беришини, туман биринчилари тинимсиз телефон қилишаётганини айтишсин. Охирида Ислом ака мендан Ички ишлар ва Миллий хавфсизлик хизматининг фикрини сўрайдилар. Худо хоҳласа, ошни ўзим сузиб чиқаман.

Турсинов ҳамма билан бир соат ичида учрашиб чиқди. Ваъдаларни қуюқ қилиб,  Жиззахга қайтиб кетди. Бу орада Крайновни ҳам хурсанд қилди. Янги олган уйига “Мираж” деб номланган чет эл мебелини эртагаёқ юборишини имо қилди.

Алимовнинг плани бўйича биринчи Мавлон кириши керак эди, лекин у ботинмади, Жўрабеков билан бирга кирди. Каримов Жўрабековнинг гапларини охирига қадар тингламади.

-Ўша, сизга телефон қилган биринчиларга айтиб қўйинг, Турсинов билан битта камерада қўяман уларни. Ҳаммаси ўз манфаатини ўйлайди.

-Лекин фондга Турсинов ҳам, биринчилар ҳам катта маблағ ўтказишди,-деди Жўрабеков.

-Икки оёқлари бир этикка тиқилганидан кейин ўтказишади-да.

-Булар сўзимизни ҳеч икки қилишгани йўқ.

Каримов Жўрабековнинг кўзларига тикилиб қаради-да, Крайновни чақирди:

-Фондда Жиззахдан бирор бир муаммо борми?

-Йўқ, оталарига раҳмат, айтганимизнинг икки ҳиссаси тушиб турибди.

Каримов Жўрабеков билан Мавлонни чиқариб юборар экан, аниқ бир жавоб айтмади. Кўп ўтмай маслаҳатчиси Зиёмов кириб келди. У бошқа масалаларни гапирар экан, орада Жиззахга ҳам тўхталди:

-Жиззахда мухолифатнинг икки юз-уч юз одами ҳамма ёқни бузмоқда. Шикоятчиларнинг кимлигини ўргандик. Ҳаммаси дор остидан қочган одамлар. Вазият ўзгариб қолиши мумкин. Сайлов арафасида бирор гап чиқиб қолмасин деган ниятда маълумотларни тўпладим. Ижроқўм раиси бу одамларни Турсиновга қарши қайрамоқда. Бу ердаги баъзи депутатларни ҳам қўлга олишганга ўхшашади. Лекин вилоятда Турсиновнинг юки оғир…

Каримов Зиёмовга :

-Майли кўз-қулоқ бўлиб тур, бирор гап чиқиб қолмасин,-деди.

-Биласиз, Жиззахда миллатлараро масала нозик. Кичик бир учқундан алангаланиб кетиши мумкин. Шу боис вилоятнинг икки каттасини ўзингиз келиштириб қўйсангиз, деган илтимосим бор эди.

-Бўпти. Қўлингиздан келмаган ёки бажара олмаган ишингизни менга отасиз,-дея Зиёмовни чиқариб юборди.

Одат бўйича оқшом Алимов бўлиб ўтган воқеалар ҳақида Каримовга ҳисоб берди. Жиззах масаласида алоҳида тўхталди.

-Ички ишлар вазирлиги ва Миллий хавфсизлик хизматининг оператив маълумотлари бўйича ижроқўм раиси Олимов фитна уюштирмоқда. Турсинов туманма туман юриб, сайлов ҳозирликларини кўрмокда. Менимча энг юқори овозни шу вилоятдан тўплаймиз. Шу сабабдан сайлов ўтгунча Турсиновни қўллаш керак. У вилоятда чуқур илдиз отган. Сайловдан кейин аввал илдизларини қуритамиз, кейин ўзи ҳақида Сиз нима десангиз ўшани қиламиз.

-Муборакда вазият қандай?

-Очликни давом эттиришаяпти. Изн берсангиз номингиздан Ибод Тўраевни чақирсам…

-Чақиринг, у билан мен ҳам гаплашиб қўяман. У боланинг кўзини очиб қўйишим керак.

-Муборакка Миртемирни юборсак яхши бўларди. У бундай ишларни тинчитишга уста. Зиёмовнинг айтишига кўра, Муборакнинг биринчи котиби Миртемир билан бирга ўқиган.

Каримов бироз енгил тортгандек бўлди, чунки ичини тирнаётган саволга жавоб топганди. У сайлов олдидан қўрққани депутатлар эди. Олдинги сессияда сайлов қонуни орқага олинди. Энди яна бирор бир баҳона бермаслик керак уларга, деб ўйларди. Шу боисдан ҳам бугун маслаҳатчилари ва ҳукуматдаги ўринбосари Жиззах масаласида гапиришаркан, кўнглининг бир четида Миртемирга айтган гаплари турарди. Мана энди Алимов бунинг ҳам ечимини айтиб турибди.

-Мен ҳам Миртемирни Муборакка юборишни ўйлаб тургандим. Бу ташаббусни Зиёмовга сотайлик. Крайнов билан иккаласи ишни хамирдан қил суғургандек, усталик билан бажаришсин. Ўртага бирор бир гап чиқишини истамайман. Хўш, Жиззах масаласини тинчитиш ҳақида қандай таклифингиз бор?

-Сиз нима десангиз ўша бўлади. Биз вилоятларда сессиялар ўтказиб, “обком”ларни ҳокимга айлантириш рўйхатини айтганингиз бўйича ҳозирладик.

-Сайловдан олдин уларнинг бирортасига тегиш керак эмас. Ҳозир Жиззахда Турсиновни ишдан оламиз десак, мансаб кураши бошланади. Бу бутун вилоятларга ҳам тарқалади. Йўқ жойдан бошимизга оғриқ оламиз. Модомики, Жиззахда Турсинов билан Олимов ўртасида муноқаша бошланган экан, темирни қизиғида босишимиз керак. Эртагаёқ вилоятда сессия ўтказиб, Турсиновни ҳоким этиб тайинлаймиз. Агар масалани бир-икки кун орқага ташлайдиган бўлсак, ҳиди чиқиб кетади ва яна шикоятчилар оқими бошланади. Дарвоқе, “Чаён” билан Жўрабековнинг бу масалага алоқаси қандай?

Гарчи Алимов уларнинг бу хусусда Каримовнинг ҳузурига кириб чиққанларини билса-да сар бериб сир бермади.

-Менимча улар аввалига Олимовни қўллашди. Унинг Турсиновни йўқотиб, ўрнини олиш ҳаваси ҳам шундан кейин кучайди. Аммо Жўрабеков вилоятга бориб, биринчилар билан гаплашиб келганларидан кейин Мавлоннинг фикрини ҳам ўзгартирдилар. У киши бу масалаларда объектив ёндашадилар. Шунга қарамасдан қўлимизда Турсиновга қарши етарли далиллар бор. Сайловдан кейин ҳаммасини бир системага тушириб, Сизга бераман.

Каримов қора телефондан Турсиновга сим қоқди. Салом-аликсиз гапира бошлади:

-Оғайни, ишингиз битган. Қўлимизда жуда кўп ҳужжатлар бор. Истасак, эртагаёқ ишдан олиб ташлаймиз. Ўрнингизга ана у Олимовни номзод кўрсатишаяпти, лекин мен рад этдим. Чунки сизнинг содиқлигингизни биламан. Сиз битта кемада эканлигимизни яхши тушунасиз. Ана у депутатнинг текширишларига эса эътибор қилманг. Уларни ҳам алдаб туришимиз керак. Кўз-қулоқ бўлинг, тарафдорларингиз хол қўйиб қўйишмасин. Эртага эрталаб сессияни тўпланг, мен бораман. Қолган гапни ўша ерда гаплашамиз. Алимов етиб боради ва эрталабгача ҳамма ишни пишитинглар. Ижроқўм раисини бўш қолдирманг, кўнглини олишга ҳаракат қилинг…

 

41.ГАГАРИН

Эрталаб Жиззахга олиб борадиган трассани туман қоплаган эди. Каримов бораётган машина “туман чироқ”ларини ёқиб олганига қарамай секин юрарди. Олдинда, орқада ўнлаб машиналарда муҳофизлар, миршаблар.

Каримов Жиззахга етиб келганда, уни вилоят партия қўмитаси биринчи котиби Турсинов ва ижроқўм раиси Олимов кутиб олдилар. Лекин Қизил майдонда мингга яқин одам тўпланганди.

-Булар қаердан хабар топишди? -деди Каримов Турсиновга юзланиб.

-Сиз Жиззахга келганимда ҳаммангизни қабул қиламан, деган экансиз, -дея ижроқўм раисига саволомуз назар ташлади Турсинов. -Тонг саҳардан майдонга тўпланишди. Каримов ҳеч бўлмаса вакилларимизни эшитсинлар, деган шарт қўйишди.

-Шарт-партни йиғиштиринг! Орқа эшикдан кирамиз.

Каримов Жўрабеков ва Мавлонни ёнига олиб, юқорига кўтарилди. Тўғри Турсиновнинг хонасига кирди:

-Сиз ўзи қанақа одамсиз? Бир хотинни қувиб, уйини ўзингизники қилиб олибсиз, болалар боғчасини кўчириб у ерни дам олиш жойига айлантирибсиз, отувга ҳукм бўлган одамни келтириб директор қилиб қўйибсиз, уч марта қамалиб чиққан кишини гўшт комбинатига раҳбар этиб тайинлабсиз…

Турсинов бошини эгганча индамай турарди. Унинг ёнида эса ижроқўм раиси вужудининг оғирлигини гоҳ ўнг, гоҳ чап оёғига ташлаб “кўрдингми?” дегандек Турсиновга масхараомуз тикилаётган эди. Каримов буни сезиб қолди ва:

-Бу жиноятлар фақат Турсиновга тааллуқли эмас, сиз ҳам баббаравар айбдорсиз. Маҳаллийчилик ўйини қилаяпсиз. Четдан келган одамнинг кўзи кўр бўлса, сизники очиқ бўлиши керак. Иккалангизни ҳам бўшатамиз. Чиқинг хонадан,-деди.

-Буларнинг ўрнига кимни тайинлаймиз,-деди Каримов ўрнидан туриб эшикни маҳкамроқ ёпиб қўяркан.

Бу саволга ҳеч ким жавоб беролмади. Шу пайт Алимов папкасидан бир қоғоз чиқарди ва Каримовга узатди.

“Махфий. Фақат Президентга.

Жиззахда сессия мажлиси ўтказиладиган залда Сизга суиқасд уюштирилиши мумкин. Шундай хабаримиз бор, лекин депутатларни бир-бир текшириб киритишга ваколатимиз йўқ. Ҳатто текшириб киритган тақдиримизда ҳам ташқаридан туриб ҳужум қилишлари мумкин. Саҳарга қадар мингга яқин инсонни уйма-уй юриб тўплашди. Бу ишни ижроқўм раиси узоқдан туриб бошқараётган кўринади. Депутат Мели Қобулов эса фаоллардан бири. Шу сабабдан сессия мажлисини бошқа жойда ўтказишни таклиф қиламиз.

Миллий Хавфсизлик қўмитаси.”

Каримовнинг авзойи яна ҳам бузилди:

-Алматов қани?-деди.

-Ташқарида вазият бирдан оғирлашди. Алматов ва одамлари шу иш билан овора.

-Энди овора бўлганини нима қиламан? Шу пайтгача онасиникида ўтирганмиди? Нега тинчитмади? Нега йўлларни боғламади? Қўрқдими? Ёки бу бола халққа ўзини яхши кўрсатмоқчими? Ташқаридаги бу чоллар нима истайдилар? Қулоқни едилар-ку! Ана у Мелибой нима қилиб уларнинг ёнида юрибди? Ўшани ҳам тинчита олмадингизлар. Маҳалла, маҳалла, дейди энағар доим.

-Агар бу чолларнинг йўли тўсилса, жанжал чиқарди. Биздаги хабарларга кўра, улар ҳар нарсага тайёр,-деди Жўрабеков.

-Биздаги хабарларга кўра эса мана бу бинони осмонга учиришмоқчи,-дея Каримов қўлидаги қоғозни Жўрабековга қараб улоқтирди. -Шуни билар экансиз, нега олдини олмадингиз? Қани газета? Уларни шармисор қилиб ёзмоқчи эдинглар-ку?

Каримов Мавлонга “Газетани бер” дегандек қўлини чўзди.

-Тайёр! Ўринбосарим ёзган. Фақат сессиядан кейин босайлик, деб турувдик, -қалтирай-қалтирай жавоб қилди Мавлон.

-После пожара, что ли?! -ўшқирди Каримов.

-Акажон…

-Ҳе, акажонингни… Қани мақола? Ким ёзди, дединг?

-Шароф,-деди Мавлон.

-Шароф Убайдуллаев,-дея тузатди Жўрабеков.

-У ҳам Турсиновни ёмонлаб юрганди-ку?

-Йўғе…-хавотир аралаш сўз қўшди Мавлон

-Бўпти, нима қиламиз? Буларни тинчитишни Алматовга топшириб бўлмайди, ўзингиз назорат қилинг. Одамларни тарқатиш керак,-деди Каримов Жўрабековга.

-Сессияни қолдирсакмикан?-деди Жўрабеков.

-Каллани ишлатиб гапираяпсизми? Эртага ана у оломон пойтахтга боради. Кейин нима қиласиз? Сайлов олдидан ҳаммасини қамоққа тиқасизми? Нима бўлганда ҳам сессияни ўтказамиз. Бошқа жой йўқми? Қани ана улар? Иккаласини ҳам чақиринг.

Турсинов билан ижроқўм раиси шоша-пиша кириб келишди.

-Кечаси сизни одам деб телефон қилибман. Ҳаммаёқ тинч бўлса ҳоким бўласиз дегандим. Йўқ, ҳаммаёқ тинч яхши ўтказамиз дегандингиз-ку? -Каримов ижроқўм раисининг рўпарасига келиб, бармоғини бигиз қилиб унинг кўкрагига тақади:

-Ҳоким бўладиган одам ён верига қарамайдими?

-Оқсоқол, мен ҳоким бўламан демадим-ку?

Каримов қўлларини чўнтагига солиб, хонада у ёкдан буёққа юра бошлади. Кейин ижроқўм раисига қараб заҳарханда кулди. Раис ўзини оқламоқчи бўлганини сезиб ҳужумга ўтди:

-Иккалангиз ҳам бир-бирингиздан яширин ҳузуримга бормадингизми? Турсинов “Мени ишлашга қўйишмаяпти” деса, сиз “Одамлар орасида норозилик кучайди” дейсиз. Мана энди иккалангизни ҳам бўшатамиз. Ўртоқ Олимов, танланг қаерга борасиз? Сиз ҳам ўртоқ Турсинов… Аслида бу чолларнинг талаби ҳақ, Жиззах қаровсиз қолди. Шароит оғирлашиб кетди, мансабларни сотаяпсизлар, одамлар ойлигини вақтида ололмайди. Транспортдан қийналишади, лекин буни айтиш учун кўчага чиқиш керакми? Билиб қўйинглар, мен халқнинг ортидан эмас, халқ менинг ортимдан юриши керак!

Ижроқўм раиси бирор бир туманга ишга кетишга ва ўзини оқлашга тайёрлигини айтди. Турсинов эса Каримовдан пойтахтга қайтаришни илтимос қилди. Каримов бироз ҳовури пасайиб:

-Кимни ҳоким қиламиз? -деб сўради улардан.

Ижроқўм раиси:

-Партиямизнинг Жиззах шаҳар қўмитасини бошқараётган йигит бу ишни эплай олади,-деди.

Ҳа, сен нима бўлса ҳам Турсиновдан қутулмоқчисан, деб ўйлади Каримов. Турсиновнинг ўрнига эса ўзингга яқин номзодни айтаяпсан. Аслида сенга ўхшаганларни жазолашнинг битта йўли бор, у ҳам бўлса хаёлингдаги планни парчалаб ташлашдир. Қани, Турсиновнинг ҳам планини ўрганайчи, дея Каримов биринчи котибнинг ёнига келди:

-Хўш, сизнинг номзодингиз ким?

-Ўзингиз кимни тайинласангиз мен ҳам ўшанинг тарафдориман.

Офарин, деб ўйлади Каримов. Ё жуда ҳам пихини ёрган сиёсатчисан ёки менга содиқ ва самимийсан.

-Хўп, сессияни бошқа жойда ўтказса бўладими? -сўради у Турсиновдан.

-Шаҳарни назарда тутаяпсизми?

-Шаҳардами, гўрдами, балодами, қаерда жой бор ўзи?

-Менимча четроқда ўтказиш керак,-деди Турсинов.

-Масалан, Гагарин тумани. Менга имкон беринг, бир зумда автобусларни чақираман, депутатларни олиб боришади.

-Бўпти, -деди Каримов, -лекин ана у Мелибойга ўхшаган депутатлар қолишсин.

-У қонунчилик комиссияси раиси.

-Нима, у ҳам вилоят, ҳам республика депутатими?

-…

-Майли, унинг оғзини ижроқўм раиси ёпади. Бошқалар эса қолишсин, пойтахтда лақиллашгани ҳам етади. Йўлларга миршаб қўясизлар, бирор бир машина ўтказишмасин. Ана у чолларингиз пиёда юриб етиб боргунча сессияни битирамиз. Алматовга айтинг, қўшимча куч чақирсин. Тартиб интизом масаласини ижроқўм раисига топширамиз. Қаерга боришини шунга қараб хулоса қиламиз. Гап-сўз чиқмаса, вилоятда, акс тақдирда …

Каримов қўлини учоққа ўхшатиб ҳавода учирди-да, “Узоқ-узоқларга кетасан” ишоратини қилди.

Ижроқўм раиси изн сўраб, чиқиб кетди. Орқасидан Каримов кўзга ташланмай хонанинг бурчагида ўтирган Миллий хавфсизлик қўмитаси раисига “Назоратга олинг”, деди. Кейин Турсиновга юзланди:

-Дўстим, ҳаммаёқни расво қилибсиз-ку?

-Оқсоқол, бир йил имкон беринг, ҳаммасини тузатаман. Кейинги вақтда иккиҳокимиятчилик бўлиб кетганди. Яккаҳокимлик хусусида бизга дарс бердингиз, кўзимиз мошдек очилди. Сизнинг буюк ғояларингиз бор. Уларни амалга оширишда ёнингизда бўлиш шараф биз учун. Сизни халқимизнинг бошига Худонинг ўзи юборди. Сиз билан ишлаган одамнинг бахти бор. Ҳам қаттиққўлсиз, ҳам меҳрибон. Ота боласини ҳам уришади, ҳам севади. Ўлдирсангиз ҳам, кулдирсангиз ҳам жоним сизники. Кет, деган кунингиз “ғинг” демасдан кетаман. Ҳозир ўзимни оқлашга имкон беринг.

Каримовнинг “эригани” юзига ёйилган табассумдан билиниб турарди. Бундай гапларни ҳар куни эшитиб турса-да, такрор тинглаганида роҳат қиларди. Жўрабеков билан Мавлон эса тарвузи қўлтиғидан тушган болалардек ҳайрон бир тарзда қараб турардилар. Турсинов ётиб қолгунча отиб қол дегандек бўш келмасди:

-Мен сизнинг командангиздаман. Йўлда поезддан тушиб қолган номарддир, деб айтган гапингиз қулоғимда. Ҳатто ишсиз қолсам ҳам, сизга содиқ бўламан. Агар имкон берсангиз ишларимиз юришиб кетади. Сайловда халқимиз сизга нақадар садоқатда эканини кўрсатади. Сайловни бузувчилар ҳам доғда қолади.

Турсинов усталик билан Каримовнинг кўнглига кириб бораётганди. Каримов музқаймоқ ялаётган боладек унинг сўзларига маҳлиё бўлиб қолганди.

-Айниқса, ҳурматли Шароф Рашидовнинг номини тиклаш йўлида кўрсатаётган жасоратингиз, у киши вафот этган кун муносабати ила келиб, фотиҳа ўқиганингиз, оддий одамлар билан бирга ўтириб, бир чимдим бўлса-да ош еганингиз, халқимизнинг руҳини кўтариб юборди. Мана бу беш-олти чоллар билан гаплашсам ҳам бу хусусда тан беришади. Лекин уларнинг чўнтагига пул тиқиб, автобус топиб бериб юрганлар бор. Сиздан ижозат олмасдан индамадим. Улар “бугун чолларни калтаклашади, шундан жанжал чиқарамиз”, деб ўйлашганди.

-Улар ким?

-Биттаси собиқ финотдел, иккинчиси …, -Турсинов аланглаб атрофга қаради.-Оқсоқол, имкон беринг, ўзим ҳаммасини тартибга соламан. Бир марта шарманда бўлишдан сақлаб қолинг…

-Мелибойвни нима қиламиз?

-Биласиз, у бироз ақлдан озган. Шунинг учун КГБдан ҳайдалган. Ёлғон-яшиқ гаплар билан халқни алдаб, депутат бўлиб олди. Пулга ҳамма нарсани сотади. Тул хотиндек жанжалчи. Ҳамма ундан қўрқади. Шу боис мен ўзим уни огоҳлантириб туришга мажбур бўламан. Мана булар эса Мелибойни менга қайрашади. Энди туҳмат қилиб юрибди.

-У туҳмат қилган бўлиши мумкин. Эртага ана у Миртемир бошимизни оғритмайдими?

-Бу ёғи ҳал бўлса, Миртемирни ўзим қўлга оламан.

-Биз қўлга ололмай турибмиз-у сизнинг тузоғингизга илинадими?

-Янги, чет элга тайёрланган енгил машинадан сўз очгандим, мумдек эриб кетди.

-Яхши. Ундай бўлса яхшилаб ҳужжатлаштириш керак. Иложини қилиб гапини магнит лентасига ёзиб олинг. Сейфга ташлаб қўямиз. Вақти келганда оёғига кишан бўлади. Хўш, ўртоқ Жўрабеков, масаланинг бу ёғини нима қиламиз?

Каримовнинг феълини обдон ўрганиб олган Жўрабеков темир ўчоқда яхши қизигани, энди уни истаган тарзда эгиш пайти етганлигини англади.

-Имкон берсангиз, яхши бўларди. Тўполончиларни биргалашиб тинчитамиз. Бир йил ишлаб берсин ўртоқ Турсинов. Гап-сўз кўпайса, кейин олиб ташлайсиз.

Сўнг Жўрабеков Турсиновга юзланди:

-Оқсоқол ҳар кимга ҳам бундай оталик қилмайдилар. Буни унутсангиз…

Жўрабеков “кўзингиз кўр бўлади” деган сўзларни ютиб юборди. Аммо Каримовнинг ўрнига қарор бериб бўлганди.

Каримов Мавлонга қаради.

-Ана уларни биргалашиб тинчитамиз. Агар керак бўлса ўртоқ Турсинов билан тафтиш ўтказиб, бир-икки айбдорни жазолаб қўямиз,-деди Мавлон.

-Депутатларнинг ҳам танобини тортиб қўйиш керак,-қўшимча қилди Каримов.

-Улар Сиздан сўз олганмиз, деб юришибди…

-Ҳар бир айтилган гап бажарилса, ҳожатхоналар олтиндан бўларди. Бизга эса олтин ҳожатхонанинг кераги йўқ…

Шу пайт ичкарига чой келтиришди. Энди улар қирқ йиллик ошнолардек қуюқ суҳбатга берилдилар. Суҳбат давомида Турсинов эски партияни тарқатиб юбориб, ўрнига янгисини тузиш таклифини ўртага ташлади.

-Коммунистик партия тузилиши, структураси жиҳатдан тенги йўқ партиядир. Унинг кадрлар билан ишлаш тизими дунёдаги бирор-бир бошқа партияда йўқ,-деди Турсинов.

-Гапни диссертациянгизга олиб келаяпсиз-а? -жилмайди Каримов.

Бундан илҳомланган Турсинов ўзини Каримовга яна ҳам яқинроқ ҳис эттириш учун:

-Ҳозир ҳамма жойда демократик ҳаракат бошланди. Партиямиз тўла демократик партиядир. Сиз ҳар бир инсоннинг қобилияти, ташкилотчилигига кенг йўл бераяпсиз. Барча масалаларни маслаҳат қилиб кейин қарорга боғлаяпсиз. Демократия дегани бошқа яна нима беради? Шу сабабдан партиямизнинг номини демократик партия, деб ўзгартирсак, тарихга сизнинг ижодингиз бўлиб кирарди, ўзимизнинг Гагарин бўлардингиз!

-Гагарин…,-Каримов мийиғида кулиб қўйди.- Партия масаласида мен ҳам шу фикрдаман. Лекин мухолифатдагилар ҳам партиясининг номига демократия сўзини қўшиб олишган. Шу боис фикримни очиққа урмай юрган эдим, -деди Каримов пиёладаги чойни ҳўпларкан.

-Бу мухолифат бизнинг ҳам бошимизни қотирди. Фикримизнинг бир четида арига ўхшаб ин қурди. Ана у чолларни кўчага олиб чиққан ҳам ўшалар…

Каримов бирдан тумшуғини осиб, бошини эгди. У мухолифат сўзини эшитгани учунми ёки Турсиновнинг гапни узатиб юборганидан шу ҳолга тушдими, атрофдагилар пайқашмади. Турсинов ҳайиққанча гапиришдан тўхтади. Каримов бироз жимжитликдан сўнг “Нега тинчиб қолдинг?” дегандек унга қаради.

-Оқсоқол, шу ижроқўм раисини бўшатиб беринг, -деди Турсинов юрагининг остида ётган тошни ташқарига улоқтириб.

-Йўқ, -деди кескин оҳангда Каримов. -У сизга биринчи ўринбосар бўлади. Бурнини ерга ишқаб ишлатасиз.

-У Мирсаидов билан бирга…

-Ҳе, Мирсаидовни ҳам, уни ҳам …

Каримов Мирсаидовнинг номини эшитиши билан қизишиб кетди.

-Бўлди, у ҳам ишлайди. Бир-бирингизни ковлаштирмай ишлайсиз. Умуман, сизларни бир-бирингизга қайраб қўйса, иш яхши кетади. Порахўрликни камайтиринг. Ҳаммаёққа юртдошларингизни жойлаштирибсиз. Иш қилсангиз, шундай қилинг-ки ҳиди чиқмасин, оғайни! Пул кўпайиб кетган бўлса, йигитларга беринг, фондга ўтказинг. Московлик мухбирларни тинчитишсин, танқидлари жонга тегиб кетди. Эшаклар бир нарса олсалар, ўн беш кун охурдан бош кўтармайдилар, кейин яна олиш учун ҳанграйдилар. Сизлар эса пулни қаерга сарфлашни ҳам билмайсизлар. Омин, кетдик!

Каримов ўрнидан турди-да, эшикка қараб юрди.

-Машинангиз орқа эшикда…, -деди Мавлон.

-Нима олдинги эшикдан олиб чиқмоқчимидинг?

-…

Улар пастга тушганларида, беш-олти нафар оқсоқол орқадаги ҳовлининг бир четида туришарди.

-Булар ким? -деб сўради Каримов.

-Булар вакиллар, -деди орқадан югуриб келган ижроқўм раиси. -Оқсоқолларга, сизлар кутиб туринглар, номингиздан вакиллар Каримов билан гаплашади деб олти-етти кишини ичкарига олдим. Шу билан ғала-ғовур тинчиди.

-Офарин, биз сессияни ўтказиб қайтгунча, булар кутиб ўтираверишсин, -деди-да Каримов машинасига минди. Шу пайт оқсоқоллар машина томонга қараб югуришди. Бирдан олдинга чиққан миршаблар уларни тўхтатиб, ичкарига қараб судрашди.

Гагарин туманига қадар йўллар уч ҳалқада ўраб олинганди. Мажлисда Мели Қобулов биринчи қаторда жим ўтирганди. Умуман, “ғинг”д еган одам бўлмади. Каримов минбарга чиқиб, Турсиновни вилоят ҳокими, ижроқўм раисини эса биринчи ўринбосар этиб тайинлагани ҳақида гапирди.

-Мен бу ҳақда фармон эълон қилдим. Ана шу фармонни тасдиқлашларингизни сўрайман, -деди.

Ҳамма қўл кўтарди. Мажлисдан чиқаркан, Каримов Мавлонга :

-Фармонни бугуноқ эълон қил. Кейин бугунги число билан ёзиб келсанг, имзо чекиб қўярман.

Каримов машинага минаркан, Жўрабековга:

-Кейинроқ олиб ташлаймиз. Ҳозир бўшатсак, анави исқирт чоллар “Мана бизнинг талабимиз бажарилди” деб, дунёни бузишарди. Қовун қовундан ранг олар деганларидек, кейин бу эпидемияни тўхтата олмасдик. Биз кимларнингдир талаби билан эмас, ўз хоҳишимиз, ўз кучимиз билан ишлаётганимизни кўрсатишимиз керак. Бу ўпкаси йўқларни биз эмас, Турсиновнинг ўзи тинчитсин.

-Қойил оқсоқол, Сизга тан бераман ,-деди лўнда қилиб Жўрабеков.

-Майли, мақолани назоратга олинг. Сарлавҳасини яхши топибсизлар: “Автобус ҳокимияти”. Энди автобусларда пойтахтга қатнайдиганларга ҳам чек қўйинглар. Сессияда мана мен очиқча айтдим, додини Худога айтсин. Шикоят билан иш битириш даври ўтди. Керак бўлса, ўзимиз айтамиз, ана ўшанда ёзишади.

Улар бир-бирларига қараб жилмайиб қўйдилар. Каримов Турсиновни ёнига чақирди-да:

-Ижроқўм раиси … э, ўринбосарингиз қолсин, сизни эса олиб кетамиз. Пойтахтда янги лавозимни ювамиз,-деди.

-Шу ерда чой айтганман.

-Бу ерда чойни ҳам заҳар қилишади. Юринг, оғайни, бориб эллик-эллик қиламиз. Бугун менинг ҳисобимдан ичасиз…

Машиналар турнақатор бўлиб, йўлга чиқди. Кўп ўтмай улар Жиззах чегарасида тўхташди. Негадир Турсиновни қолдириб кетишди. Ҳоким машиналар ортидан қўл силтаб қоларкан, у билан бирга меҳмонларни орқадан кузатиб келган вилоят раҳбарлари ҳам саф тортганча, қўл силташарди…

42. ЗАНЖИРЛИ ДАРА

Миртемир Жума Бекни дарров таниди. Талабаликнинг илк пайтлари бир ётоқхонада туришарди. У йиллардан қолган битта хотираси бор.

…Ҳар якшанба куни мардикорликка чиқишарди. Бир сафар уларни эски уйни бузишга олиб боришди. Энди иш бошлашганди ҳам миршаблар келиб, уй бузишни тўхтатишди ва соҳибини тутиб кетишди. Улар қайтиб мардикор бозорига келишганда “тарихий” майдонда ҳеч ким йўқ эди. Кутиб-кутиб ётоқхонага қайтишди. Чўнтакларида бир мири ҳам қолмаган эди. Ётоққа чўзалганча хиргойи қилиб “шифтдан олма теришарди”. Эшик тақиллаб, ичкарига қотган нон териб юрувчи бола кирди.

-Қолган-қутган нонлардан борми? -деди у ҳар доимги оҳангда.

Жума Бек ўрнидан туриб, боланинг елкасидаги халтани олди-да, ичидагиларни столнинг устига тўкди. Қотган нон бурдаларидан бир қанчасини териб олиб, қолганини сийириб, халтага солди.

-Доим сен биздан оласанми, биз ҳам бир марта сендан олсак осмон узилиб ерга тушмас, -деди.

Бола Жума Бекка ҳайрат билан мўлтираб қараганча, елкасини қисиб, индамай чиқиб кетди. Жума Бек косани сувга тўлдирди-да, қотган нонларни ивитди.

-Қани, туринг, ўрдак шўрва ҳозир, -деди.

Орадан кўп ўтмай Жума Бек бошқа факултетга “кўчиб” кетди. Улар аҳён-аҳёнда учрашиб қолсаларда, энди бошқа-бошқа соҳилнинг одамлари эдилар. Бир неча йиллардан кейин Миртемир Жума Бекнинг қайси бир райкомда бўлим мудири бўлиб ишлаётганини эшитди, лекин унинг бу ерда эканлиги хаёлига ҳам келмаганди. Ўтган сафар Муборакка келганида, Ибод Тўра:

-Яқинда қўшни тумандан райком биринчи котиблигига ашаддий коммунистни келтиришди. Бизга қарши исён бошлатди у,-деди.

Миртемир у билан учрашмоқчи бўлди, лекин сафарда экан. Мана энди у қаршисида турибди. Талабалик йилларида қиличдек ихчам эди. Энди семириб, қорин “боғлабди”. Фақат кўзларигина унинг ўша эски Жума Бек эканлигидан дарак берарди.

Жума Бек Миртемирни қучоқлаб, “кучимни кўриб қўй” дегандек, бир айлантириб, белидан маҳкам қисди. Кейин:

-Сизни кутавериб, кўзимиз саккиз бўлди, кун оқшомга, тонг саҳарга айланди, -деди.

Улар кўп гаплашмадилар. Миртемир ҳориб келгани учун райкомнинг меҳмонхонасидаги ўзига ажратилган жойга ўтиб, ухламоқчи бўлди. Лекин ухлай олмади.

Жума Бекнинг сўзлари қулоқларининг остидан кетмасди:

-Мен бобокалонимиз Амир Темурнинг тарихи бўйича докторлик иши қилдим. Ислом аканинг маслаҳатчиси Зиёмов менга устозлик қилдилар. Туманимизда “Занжирли Дара” деган жой бор. Бу ерни Амир Темур обод қилганлар, шу хусусда туркум мақолалар ёздим. Эрталаб Сизни ўша ерга олиб бораман,-деганди у Миртемирни меҳмонхонада қолдираркан.

Бу Миртемирнинг ғамнок кўнглида милтираган ишиқ ёққанди. Ҳар ҳолда бу ерга келишим бекорга кетмайди, бир тарихий масканни бориб кўраман, деб ўйлади у. Кейин Амир Темур ҳақидаги ривоятлар хаёлидан ўта бошлади.

 

РИВОЯТ

… Бир куни Амир Темур узоқ сафарга чиқибди. Йўлда “Тоғ этагидаги Чамбил элда тунаб қоламиз” деб буюрибди. Чамбил элга етиб келганларида, бу ердаги аҳволни кўриб, Темур ҳайратланиб қолибди.

-Бу шаҳар дунёнинг энг гўзал ери, жаннатмонанд боғлар, дилларни ром этгувчи булбуллар, мусиқа-оҳанг, сас чиқариб оқувчи ирмоқлар, Алпомишдек дев қоматли чинорлар, ичсанг суви умрни дароз айлагувчи чашмалар маскани эди. Буларнинг ҳаммасига нима бўлди? Нега бу шаҳар вайронага айланди? -дея навкарларини шаҳарга юборибди Темур.

Навкарлар шаҳарни айланиб, бир тирик жонга рўбарў келмабдилар. Ҳамма ёқда одамларнинг ва ҳайвонларнинг суяклари сочилиб ётган эмиш. Шаҳарнинг кўчаларига дорлар қурилган бўлиб, ҳар бир дордаги ипларда суяклар осилиб турарди.

Навкарлар шаҳарнинг у бурчидан кириб нариги бурчидан чиқиб кетар эканлар, онийдан бир жониворга дуч келдилар. Одам деса одамга, ҳайвон деса ҳайвонга ўхшамайдиган махлуқ. Бир қарашда маймунни эслатарди. Унга эътибор қилмай ўтиб кетишаётганди, у қўл силтади. Шунда навкарлардан бири:

-Кимсан? -деди унга.

-Менга кимсан дейишга ҳеч кимнинг ҳаққи йўқ! Мен бу шаҳарнинг ҳокимиман, -дея дўриллаган сас чиқарди у.

Навкарлар кулишди:

-Шаҳармиш, вайрона-ку, демак сен-бойўғлисан!

-Мен Амир Темурнинг йўлини пойлаб ётибман, фақат у билан гаплашаман. Дардимни унга айтаман. Сиз эса йўқолинг, даф бўлинг!

Навкарлар Темурнинг ҳузурига қайтгач, кўрган-билганларини унга айтиб беришди. Темур ҳайратланиб “ҳоким”нинг ёнига борди.

-Кимсан, нима учун бу жаннат эл бу аҳволга тушди? Нега инсонлар қирилиб кетдилар? Нега шаҳар вайронага айланди? -деди.

-Менга Амир Темурдан бошқа ҳеч ким савол беролмайди. Йўлингдан қолма, эй, мусофир.

-Қаршингда Амир Темурнинг ўзи турибди.

-Ундай бўлса сени Аллоҳнинг ўзи юборди. Мен Аллоҳга ёлвориб, жонимни олишини истадим. Ваҳийдан келган бир овоз “Дунёи-заминнинг ҳукмдори Амир Темур сен томонга келмокда, бошингдан ўтганларни унга айтиб берсанг, у сени ўлдирса, ўшанда Аллоҳ жонингни олиши мумкин”лигини англатди.

-Хўш, бошингдан нима ўтди?

-Эй, бу дунёнинг ҳукмдори! Мени эринмай тингла. …Ёш йигит эдим. Ота-онамни севмадим. Майхўрликка ружу қўйдим. Ҳар куни ота-онамни калтаклардим, охири улар мени “оқ қилиб”, уйдан ҳайдашди. Дарбадарлик кунларимда бир бойнинг қизи билан танишдим. У мени одам қилди. Унга уйландим. Отасининг ёрдами билан Чамбил элда ҳокимликка қадар юксалдим, лекин шаҳарда ишлар юришмади. Бунинг сабабини тили бурролардан, камчилигимни айтганлардан кўрдим. Уларнинг тилларини кесдирдим. Бироқ ишларим олдинга кетмади. Кейин олиму фузалолар, диндору уламолар халқни йўлдан урмокда, деб ўйладим. Уларни зиндонларда чиритдим, лекин ишим юришмади. Сўнгра қўл остимда ишлаганларни айбладим. Шаҳарда дорлар қуриб, уларни остирдим. Дорларда инсонлар осиғлик турдилар, лекин ишим юришмади. Халқим қирилиб кетди, ҳайвонлар йўқ бўлдилар, булоқларнинг кўзи кўмилди, оғочлар қуриб қолди. Фақат мен яшаяпман. На инсон, на ҳайвонман!

Эй, бу дунёнинг ҳукмдори, зулфиқорингни чиқар ва бошимни кес! Мени бу даҳшатли азобдан қутқар!

-Мен сени ўлдирсам, қиличим ҳаром бўлади, -деди Амир Темур.

-Агар ўлдирмасанг, менга бу азобдан қутулишнинг йўлини айт.

-Сен бориб ота-онангнинг қабрини топ, улар сени кечирсалар, ўшанда Асрор жонингни олади.

Темур шундай дебди-да, судралганча узоқлашган “ҳоким”нинг орқасидан икки навкарини юборибди. Навкарлар қайтиб келгач, Темурга:

-У судрала-судрала қабристонга етиб борди. Ота-онасининг қабрлари чўкиб ётган экан. Уларнинг руҳига ёлвораётганди, боши билан чуқурга-қабрнинг ичига тушиб кетди ва ўша ерда ўлиб қолди, -дедилар.

Темур билан суҳбатлашиб ўтирган Мир Саид Барака:

-Бу оқпадар экан, охирида ота-онасининг руҳи уни авф этди ва қийноқлардан қутулди. Лекин бу халқнинг гуноҳи нима эди-ки, бу қадар Аллоҳнинг қаҳрига учрабди?

Амир Темур бироз ўйланиб турди-да, жавоб берди:

-Аллоҳ ер юзидаги ваколатларни инсонларга берар экан, уларга ақл, ирода бахш этди. Аммо улар буни бир четга суриб, бир оқпадарни елкаларига кўтардилар. Бу эса Аллоҳни ғазаблантирди. Оқибатда гўзал бир шаҳар билан бирга бу дунёдан силиндилар, -деди.

… Миртемир бу ривоятни нима учун эслаганини ўйлаб ҳам ўтирмади, чунки хаёл эшикларидан иккинчи ривоят кириб келганди.

РИВОЯТ

Амир Темур ҳар пайшанба куни сиёсий маҳбуслар билан ўзи суҳбатлашарди. Бу сафар унинг ҳузурига уч кишини олиб келишди.

-Бу Сузангарон маҳалласидан. Тўй-маъракада, жума хутбаларида “Ватаним, Ватаним, Ватаним” дейди. Ватан ва миллатни такрор-такрор сўзларкан, кўзларидан ёш сизиб чиқади, овози хириллаб қолади. Аммо ҳаётда кўп одамларнинг дилини оғритган.

-Унинг бошини танасидан жудо қилинг,-деди Амир Темур.

Девонбеги иккинчи маҳбус ҳақида маълумот берди:

-Бу Мотрид маҳалласидандир. Йиғинларда, тўй-маъракаларда “Халқимиз очдан ўлар ҳолга келди. На буғдой бор ва на нон. Ҳамма нарса урушга кетмокда” дегани-деган.

-Буни энг чуқур зиндонга ташланглар! Аммо саройдаги энг тотли таомлардан ва жамики ноз-неъматлардан истагани қадар бериб туришни канда қилманглар, -деди Амир Темур.

Сўнгра Девонбеги учинчи маҳбус ҳақида ҳам қисқа маълумот берди:

-Бу Боғишамол маҳалласидан. Ўтган жума куни халқ олдига чиқиб “Амир Темурнинг фалон-фалон фармонлари нотўғридир”, деди.

-Буни саройга мушовир қилиб ишга олинглар, -деди Амир Темур.

Сарой аъёнлари Амир Темурнинг бу қарорларидан ҳайратга тушдилар ва Мир Саид Бараканинг ҳузурига келиб, ундан бу қарорларни изоҳлаб беришни сўрадилар.

Мир Саид Барака:

-Биринчиси, Ватан,  миллатни ўзига қалқон қилиб олган бадбахтдир. Бундай одамлар жуда ҳам таҳликалидирлар. Улардан не қадар тез қутулсак, Ватан ва миллатга шу қадар хайрли бўлади. Иккинчиси эса, ҳаётни қориндан иборат, деб тушунади. Ундайларга ҳаёт нима эканлигини англатмоқ керак. Қоронғу зиндонда ётса, бу ҳаётда егуликдан бошқа жуда кўп азиз нарсалар борлигини тушунади. учинчиси эса, Ватан ва миллатга ўзини қалқон қилди. У Амирнинг фармонларидаги янглишларни айтар экан, ўзини эмас, мамлакатни ўйлади. Темур ҳазратлари ана шунга кўра, қарор бердилар, -деди…

 

43.САМИМИЯТ

Миртемир тонг бўзариб қолганда, уйқуга кетди. Бир “чимдим” уйқуни олмасдан уйғонди ва “Занжирли Дара”га эртароқ бормоқ учун меҳмонхона ҳовлисига чикди. Аммо Жума Бек ва вилоятдан унга ҳамроҳ бўлган кишини узоқ кутди. Нонушта тайёр бўлгач, улар кириб келдилар. Чой ичиб у ёқ-бу ёкдан суҳбатлашган бўлдилар-да, йўлга чикдилар. “Занжирли Дара” узоқда экан. Икки-уч соат деганда, аранг етиб келдилар. Атрофда бир сардоба қолдиғи ва бир дарахтдан бошқа ҳеч нарса йўқ эди.

-Бу ердаги шаҳар қум остида қолган,-деди Жума Бек. -Гарчи чўл ҳавоси биқиқ бўлса-да, ана шу табаррук жойда тушлик қиламиз, -у шундай деб, шофёрига имо қилди. Шофер йигит машинадан дастурхон, кўрпачаларни олиб, дарахт остига тўшай бошлади.

-Аслида чўлнинг саррин шабадасига тенг келадиган нарса йўқ, лекин газни қайта ишлаш заводидан чиқадиган заҳар шу ерларга қадар етиб келади, -деди вилоятлик ҳамроҳ.

Миртемир уларнинг мақсадини тушунмади. Наҳотки, тушлик учун бу ерга келишди? Балки бу қумлар остида бирор бир шаҳар йўқдир? Агар шаҳар қум остида қолган бўлса, бу дарахт ва сардоба нима учун йўқолмади? Миртемирнинг қалбида зилзила бошланди. Зилзила кучайиб, умид ва илинж тоғларини яксон қилиш баробарида, кўнгил тахмонларини ҳам бузиб юборди.

Шу лаҳзада у дунёга сиғмаётган эди. Найзадаги қуёшнинг тиғини, ҳудудсиз чўлнинг шабадасини ва у шабада келтираётган ёқимсиз газ ҳидини, хуллас, ҳеч бирини ҳис қилмаётган эди. Ёнидаги одамлар ҳам чўл сароби каби гоҳ кўриниб, гоҳ кўздан ғойиб бўлардилар. Чунки унинг бутун диққати зилзила марказида эди. Зилзила маркази тўфонга айланган ва бу тўфон кўкрак қафасларини сиқиштираётган эди.

Сиёсат, дунёдаги энг жирканч ўйин экан, деб ўйлай бошлади у. Нега унга маҳлиё бўлдим? Унинг қайси рақсию, қайси мусиқаси мени ром этди? Наҳотки, сиёсатга кирмасдан курашиш мумкин эмас? Йўқ, сиёсат бутун жамиятни ўз панжаларига боғлаган. Унинг четида қолиб, ҳар қанча мужодала этма, натижасиз қолаверасан. Хўш, мана сиёсатга кирдинг, қандай натижага эришдинг? Балки ана улар ичларида сени масхара қилиб, устингдан кулаётгандирлар? Чунки орқаваротдан қандайдир ўйинлар ўйналаётганини ҳис қилаяпсану аммо билмайсан. Мана булар эса, балки барчасидан хабардор?! Чизиқларни, балки ана шулар чизгандир?!

Йўқ, харитани чизганлар бошқа, булар ҳам унинг йўлчилари.

Буларга, сени шаҳардан, одамлардан узоқлаштириб, чўлу-биёбонда тутиш амри берилган бўлса-чи? Э, йўқ, биродар, ўз баҳоингни жуда ҳам ошириб юбораяпсан. Сен бу дунёда ва бу жамиятда жуда кичик одамсан, балки заррадан ҳам кичикдирсан?! Бу қадар одамни сени изингдан нега қўйиб қўйишсин?

Нега қўйишмасин? Бу дунёда ҳар бир зарранинг улкан тоғлар қадар аҳамияти бор, қолаверса, сен нега ўзингни бу қадар тубанларда кўрмоқчи бўлаяпсан? Инсон тоғ устига, юксакликка кўтарилгани сайин, кўзларда, назарларда кичрайиб боради, аммо ўз қалбида, руҳида эса юксалиш ҳис этади. Сен нега аксини истаяпсан?

Миртемир ўзи билан ўзи олишарди. Гўё ичидан бошқа бир Миртемир ажралиб чиқиб, қаршисида ўтирганча у билан аёвсиз тортишарди.

Биз айрилдикми, демак, руҳ бошқа вужуд бошқа бўлади, деб ўйлади Миртемир. Бу эса инсоннинг инқирозидир. Битиши, тамом бўлишидир. Вужуд ва руҳ мужассам, бир бутун бўлганда, инсон кучга айланади. Бу кучни енгадиган, синдирадиган фақат ўлимдир. Инсон ўлимдан бошқасига енгилмайди. Лекин сен ҳали ўзинг ҳам билмайдиган воқеалар таъсирида енгилиб ўтирибсан. Аслида енгилмоқ ҳам музаффарликдир. Агар ростдан ҳам бирор бир ўйин ўйналаётган бўлса, истеъфо бераман. Уларнинг қўлида қўғирчоқ бўлишни ёки чизган хариталари бўйлаб югуришни истамайман.

Бу пайтда Жума Бек дарахт остига тўшалган кўрпачага ёнбошлаганча тандирда пиширилган кабобни пишиллаганча еяётганди.

Наҳотки, у қотган нон еган кунларини унутган бўлса? Ўшанда болакайнинг тўрвасидан олинаган қотган нон худди мана шу тандир кабоб каби унга лаззат бермаганмиди? Аммо ўшанда Жума Бекнинг юзларида севинч ва мамнунлик бор бўлса, ҳозир кибор ва манманлик уфуриб турибди.

Жума Бекнинг парвойи палак, дунёни сув босса тўпиғига чиқмайди. Нега мен уни ёмон кўраяпман, нега уни айблаяпман? Балки у ҳаётнинг мантиғи шундан иборат деб ўйлар ва барча ҳаракатларини тўғри деб билар?! Қолаверса, докторликни ёқлабди. Катта бир районнинг раҳбари. Балки ўз йўлида эътиқодлидир. Бунинг устига сенга нисбатан совуқ муносабатда бўлган эмас. Эски дўстлар каби бағрини очди.

Миртемир мушоҳадаларни бир четга суриб, тандирда пиширилган уй нонидан емоқчи бўлди, аммо бир тишлам нон лаби билан томоғининг ўртасида узоқ айланди. Болалик йилларини эслади. Уйларида нон бўлмаган кун, томга чиқиб “Менга иссиқ нон пишириб беринглар” деб додлаган экан. Ўшанда, раҳматли онаси хасталаниб қолгани учун, иссиқ нон пиширадиган одам топилмабди. Бироз улғайгач, бу воқеани айтиб беришса, қулоғига қадар қизариб кетарди. “Айб боламда эмас, мен унга ҳар куни кулча пишириб бериб, ёмон ўргатиб қўйгандим”, дея унинг бошини силарди онаси.

Шу дамда Миртемир ўша кулчаларни қумсади. Балки, мен томга чиқмагандирман?! Агар томга чиқадиган ёшда бўлганимда, у воқеа эсимда қоларди. Балки, кулги бўлсин, дея бу воқеани ўйлаб топишгандир?! Чунки кулча нонни, айниқса, хамирнинг устига шарбат суриб пиширилган кулчани жуда ҳам севишимни билишарди-да! Ҳовлимизнинг ичидан ариқ оқиб ўтарди. “Оқ ариқ” эди номи. Ариқ бўйларига экилган гуллар ҳам оппоқ бўлиб очиларди. Дарвозадан кираверишда эса, бир тут дарахти бор эди. У ҳам оппоқ бўлиб пишарди. Мен кулчани ариқнинг бошланиш қисмига ташлаб, ўзим кўча орқали сувнинг ҳовлидан оқиб чиқадиган жойига югуриб борардим. Ҳар доим кулчадан олдин етиб боришга ҳаракат қилардим. Обдон чарчаганимда кулча ҳам ҳил-ҳил бўларди. Кейин уни оппоқ пишган тут билан, мазза қилиб ердим. Эҳ, у кунлар, қайда-ю бу кунлар қайда?!

Болалик таассуротлари Миртемирнинг кўнглидаги зилзила оташини бироз туширди. Шунга қарамай, у Жума Бек билан очилиб суҳбатлашмади. Ҳатто унинг гапларини охирига қадар эшитишга уринса-да, хаёллари бошқа ўрмонларга кириб кетарди.

Қуёшнинг “боши узилган” пайтда Жума Бек дастурхонни йиғиштиришга буюрди. Миртемир бу ердан ортга қайтмаслигини ва пойтахтга кетажагини айтди. Жума Бекнинг ялиниб, ёлворишига қарамай, улар шу ерда хайрлашдилар. Жума Бек қўл силташ ўрнига соатига қарай-қарай қолди.

Улар вилоят марказига етиб келганларида, пойтахтга учадиган сўнгги учоқ ҳам аллақачон парвоз қилиш учун ердан айрилганди. Миртемир яна бир кечани меҳмонхонада ўтказишга мажбур бўлди. Эрталаб, нонушта пайти радиодан эшитилган хабар унинг кўнглидаги зилзилани ўн даража ошириб юборди. У портфелидан бир қоғоз олди-да, ишдан айрилажаги ҳақида ариза ёзиб, яна портфелига солиб қўйди. Кейин меҳмонхона ҳовлисида ўралашиб юрган боғбоннинг ёнига келди:

-Ҳорманг, ота!

-Бор бўлинг, Миртемиржон! Келишингизни уч кундан буён кутиб ётгандик. Бир суҳбатингизга иштиёқмандмиз,-деди.

-Йўғе, мен ўзим бу ерга келишимни билмасдиму сиз қаёқдан билардингиз?

-Укажон, ер тагида илон юрса, биз сезамиз. Бу ерда уч кун олдин қимир-қимир бошланганди. Отингизни эшитганлар жим туришармиди? Менга қадар хабар келиб етди.

-Бўпти,-деди Миртемир, жаҳлини тишлаб. -Отахон, айтингчи, сизга мана бу дарахт қуриб қолган, қуртлаган, боққа зарар бераяпти, уни қўпориб ташла, дейишса, Сиз бу ишни бажарсангиз, лекин эртасига келганингизда меҳмонхона мудири қайтадан экиб қўйган бўлса, нима қиласиз?

-Нима ҳам қила олардим, ука? Каттанинг айтгани айтган. Ўйнашмагин арбоб билан, деганлар. Қуриган дарахтга ҳам салом бериб юраверамиз.

-Иззат-нафсингизга тегмайдими?

-Иззат-нафсни ўйласак, оч қоламиз. Бу ерга кимлар келиб, кимлар кетмади. Қанча-қанча иззат-нафсини ўйлаган одамларни йўқотиб юборишди. Бу билан мени иззат-нафси йўқ одамга чиқариб қўйманг. Ғурурим ичимда. Ичимда уларни буралаб-буралаб сўкаман. Ёки аламимни чечангиздан, болалардан оламан. Бу дунёда яшашнинг бошқа йўли йўқ. Сизга ўхшаган йигитларни ҳам синдириб юборишади. Буларга мевали дарахт эмас, қуриган ва чириган дарахт керак. Чунки истаган пайтларида, бир тепиб йиқитадилар ёки ахлатга олиб чиқиб ташлайдилар ва кўнгиллари роҳатлайди.

Миртемир боғбондан бундай жавобни кутмаганди. Наҳотки, халқимиз шу аҳволга тушиб қолди? Наҳотки, ҳамма шундай ўйлайди? Йўқ, баъзиларнинг қоматини эгишди, баъзиларнинг тафаккурини йўқотишди, баъзиларнинг эса жасоратини ўлдиришди. Аммо шундайлар борки, эгилиб, қайтадан қоматини ростлайди, тафаккурини йўқотиб тафаккурини топади, жасоратидан айрилиб жасоратли бўлади, яъни сохталарини йўқотиб аслини топади. Ана шундайлар бошқаларни ҳам ўз орқасидан эргаштиради, деб ўйлади у қўналғага йўл оларкан.

Миртемир минган учоқ пойтахтга қўниши билан ҳукумат раҳбарларига хизмат кўрсатадиган микроавтобус трамплин ёнига келиб тўхтади. Учокда бирор бир раҳбар бормикан, дея Миртемир йўловчиларга бир-бир назар солди. Йўловчиларнинг ҳаммаси оддий инсонлар эди. Учоқдан тушаркан, микроавтобусдаги қиз:

-Сизни кутиб олишга чиқдик. Ўртоқ Крайнов бир неча марта қўнғироқ қилдилар. Президент Сизни кутаётган эканлар. Машина ҳам юборишибди, -деди.

Миртемир индамай микроавтобусга чикди ва бу ҳам ўйиннинг давоми деб ўйлади. Бормасдан аризамни бериб юборсаммикан?! Ёки бориб ҳамма гапни Каримовнинг юзига айтиб, чиқиб кетсамми?! Балки Каримов бирор бир баҳона ўйлаб қўйгандир? Бир ҳафтадан кейин сессия бор, сайлов олдидан ўтадиган бу сессияда муҳим қонунлар қабул қилинади. Балки сессияда сўзга чиқиб бу ўйинларни фош этарман? Шу сабабдан Каримовнинг ўзи билан учрашиб, аризани унга топшираман.

Крайнов Миртемир билан кўришаркан, уни Каримовнинг ҳузурига бошлади.

-Хуш келдингиз, -деди Каримов. -Йўқлигингиз билиниб қолди. Эртага Иқтисод дорилфунунида олимлар билан учрашувим бор, мана буларга маъруза ёзинглар десам, қоғозни бўш гап билан тўлдиришибди, -деди у эшик томонни кўрсатиб.

-Ёзиб берган билан мажлисда барибир уни ўқимайсиз, -деди Миртемир.

-Ўқимасам ҳам маърузадаги фикрларни гапириб бераман.

-Жиззахда маъруза қилишингиз учун нутқ ёзиб берганлар бундан кейин ҳам хизматингизни аъло даражада бажаришса керак. Мен эса истеъфо аризамни келтирдим.

Каримовнинг бирдан жаҳли чиқди. Юзи шолғомдек қизарди, кўзларининг атрофига тундлик югурди, бақириб юбормоқчи бўлган кишидек бутун вужудидаги куч бўғзига тўпланди.

-Ўтиринг, -деди.

Миртемир Каримовнинг бу оҳангига парво қилмай аризани унинг ёнига қўйди.

-Сиз билан бугун келиб эртага кетиш учун англашганимиз йўқ! Сизни жасоратли йигит деб ўйлагандим. Сал нарсага қўрқиб қочишингизни хаёлимга ҳам келтирмагандим.

-Мен қочаётганим йўқ. Сарой ўйинларини тарк этаяпман.

-Офарин! Мана мен сарой ўйинларига чидаб ўтирибман. Менга осон деб ўйлайсизми? Мен ҳам оддий инсонлар каби чойхонага чиқиб чой ичишни, отамлашишни, тоғларга чиқиб суҳбат қилишни истайман. Лекин бутун вақтим мана шу тандирнинг ичида ўтади. Эрталабдан оқшомгача, оқшомдан эрталабгача ёнаман. Ўйлайсизки Жиззах масаласида Сизни алдаб, ўйин кўрсатдик. Давлат ишлари осон эмас. Баъзиларини шарт-шурт ҳал этиш керак. Тўғри, Жиззах бўйича Сизнинг фикрингизни олишим керак эди. Лекин мана бу ифлослар, -Каримов мана бу дер экан қўлини бигиз қилиб, хонасининг паст қисмини кўрсатди. Хонасининг остида эса Мавлон билан Алимовнинг кабинетлари бор. -Сизни Муборакка юборишибди. Мен уларга Ибод Тўрани ва Миртемирни чақиринглар, биргалашиб гаплашамиз, дегандим. Мени янглиш англашибди. Бу Зиёмов деган эшакнинг думига супурги боғлайман.

-Сиз Турсиновнинг қилмишларини яхши биласиз…

-Ҳа, била туриб, ҳеч нарса қилолмадим. Шунинг учун ҳам сизга ўхшаган йигитларнинг ёрдамига эҳтиёжим бор. Мана сизнинг хабарингиз йўқ, менга икки марта суиқасд ҳозирладилар. Ишга келаётганимда, мени отишмоқчи бўлишди. Хайриятки, қўрималар сезиб қолишди.

Миртемир “Мантикрис ҳангомаси” дея тарқалган миш-мишни эслади. Бир куни ўн уч -ўн тўрт ёшлардаги бола спорт милтиқчаси билан қуш овлаётган экан. Уни Каримов ўтадиган йўлнинг ёқасида ушлашибди. Кейин отасини, акасини ҳам қамаб қўйишибди. Балки ўша воқеани айтаётгандир, деб ўйлаган Миртемир:

-Яқинда бўлдими? -дея сўради.

-Биттаси икки ой олдин эди, иккинчиси икки кун олдин, Жиззахда рўй берди. Мени портлатиб юбормоқчи бўлишди. Худога айтганим бор экан, қутулиб қолдим. Сиз бўлсангиз менга ситам қиласиз. Сайловни эсон-омон ўтказиб олайлик, бу Турсиновларни, уларнинг мафияларини сичқоннинг инига киритиб юборамиз. Лекин билиб қўйишсин, мен улардан қўрқмайман, охирига қадар курашаман. Мелибой билан ҳам гаплашдим. Бечоранинг халқдан бошқа ташвиши йўқ. Уни қилмишлари учун КГБдан ҳайдалган, деб мени ишонтиришганди. Ваҳоланки, хасталаниб, пенсияга чиққан экан. Ундай йигитларни қўллашимиз керак.

Миртемир ўйланиб қолди. Каримов шу қадар самимий ва ҳаяжон билан гапираётган эдики, унинг гапларига шубҳа қилиш мумкин эмасди.

-Мана кўрасиз, икки-уч йилда бу давлатни дунёдаги энг катта мамлакатлардан бирига айлантираман. Халқимиз жаннатнинг ичида яшайди. Ҳаммага уй бераман, ер бераман. Қишлоқларни обод қиламан, колхозчининг уйи билан ҳокимнинг уйи бир хил бўлади. Бой -камбағал деган гап бўлмайди. Одамлар суд, прокурорнинг эшигида кутиб ўтирмайдилар, оналар, болалар касалхоналарда вафот этмайдилар. Мактаб болалари пахтага чиқмайди. Фақатгина олтинларни сотсак, бу масалаларни ҳал қилиш мумкин. Яна сотадиган қанча-қанча нарсаларимиз бор. Лекин ишлашга қўйишмаса нима қилай? Буларнинг ҳаммасини қувсам, янги инсонларни, янги кадрларни қаердан топаман? Сизга ўхшаганларга ишонсам, юзимга аризани отасиз. Истеъфодан осон иш йўқ. Лекин масъулиятни кўтариш оғир. Сиз фаолиятингизни тўхтатманг, Турсинов масаласини давом эттиринг, уни шармисор қиламиз. Аввал қўлини, кейин оёғини кесайлик, ундан кейин бошини узамиз.

Миртемир индамай Каримовнинг “нутқ”ини тингларди. Каримов минбарда юзларча инсонга хитоб қилаётгандек, жўшиб гапирарди.

-Биламан, сиз менга ишонмайсиз. Олинг, мана буни ўқинг. Бу ерда Шукрулло Мирсаидовнинг ва умр йўлдошининг кирдикорлари ёзилган. Хорижга борганда, неча тонна марварид келтирганини биласизми? Ҳозир мен унинг грибонидан бўғсам, ўтирган биномизни осмонга учиради, кулимизни кўкка совуради. Ана у бобойни парламент раиси қилиб қўйгандим. Ҳаммаёқни масхарага айлантирди. Бир жасоратли йигит- Полвонзодани Олий суд раислигига тавсия қилмоқчи эдим, “Миллати бошқа, ўтказишмайди” дейди. Бу масалаларда сизлар ёрдам бермасангиз, ким ёрдам беради? Мана, отасига раҳмат, Исо Холис дардимни англади, менга катта ёрдами тегаяпти. Мен ҳам бўш тураётганим йўқ, айтганини яратиб бераяпман. Наригиси ҳам хизматимизда.

Каримов бирдан отдан тушиб, ажриқда ўтирган кишидек, чуқур нафас олди-да, столга энгашганча, оғринган бир сасда, ёлворган бир оҳангда сўзини давом эттирди:

-Мен ҳам отаман! Болаларим билан ўтириб дардлашишни истайман, улар билан боғу-роғларни кезгим келади, лекин мана шу столга маҳкумман. Роботга ўхшаб қолдим. Баъзан ҳаммасига қўл силтаб, ҳайё-ҳуй деб чиқиб кетгим келади. Аммо бечора халқимизнинг аҳволи нима бўлади? Жиззахда чол-кампирлар бўйнимга осилиб йиғлашди, раҳматли онамни эсладим…

Каримовнинг кўзлари бирдан ёшга тўлди. Миртемир унга бир нигоҳ ташлади-ю бошини эгди. Ҳақиқатдан ҳам, мен уни тушунмаган бўлсамчи, деб ўйлади. Кап-катта одам, бир давлатнинг раҳбари бекордан кўзига ёш оладими? Ростдан ҳам атрофидагиларнинг ҳаммаси шахсий манфаатдан бошқа нарсани билишмайди. Бу одамнинг юрагида, балки, эзгу-ниятлар яшириндир?! Бир томонда Москов, иккинчи томонда эски зеҳниятдаги инсонлар уни қуршовга олишган. Эркак кишининг йиғлаши осон эмас. Ситамлар, азоблар жонидан ўтиб кетганки, кўзига ёш келаяпти. Шундай дейману лекин ҳамма нарса унинг ўзига боғлик эмасми? Қанча-қанча етук, қобилиятли инсонлар четда қолиб, дўппи келтир деса, бош узиб келадиганларни атрофига йиққан. Балки ноиложликдан шундай қилаётгандир?! Нима бўлганда ҳам менга кўнглини очди. Агар самимий бўлмаса, аризамга қўл қўйиб, тўрт томонингиз қибла, бораверинг демасмиди?! Ёки мен шошқалоқлик қилдим-ми? Аввал ҳамма гапни ўрганиб, кейин қарор бериш керакмиди?

Каримов ўрнидан туриб, ичкаридаги хонага кирди ва юзини ювиб, қайтиб келди:

-Ука, аризангизни олиб қўяман. Сиз ишингизни давом эттираверинг. Яхши-яхши йигитларни танланг, менга тавсия қилинг. Биргалашиб, бу касалликларни енгамиз. Кўриб турибман, чарчаб келгансиз, бориб дам олинг, -деди.

44. БУЗУҚИ

Миртемир индамай чиқиб кетди. Уйига келгач, бирдан хасталаниб қолди. Доктор чақиришганида, “Юрагингизни даволашингиз керак”, дея касалхонага олиб кетишди. У навбатдаги сессияга келолмади. Касалхонадан чиқиб, иш бошлаган куни онийдан Каримов унинг хонасига кириб келди:

-Сизга ўхшаган йигитлар касал бўлиб қолса, баракалло бизнинг ҳолимизга,-деди. -Юринг, бир жойга бориб келамиз.

Каримовнинг машинаси қўналға томонга юрди. У учоққа мингунга қадар ҳеч нарса демади. Учоқ кўкка кўтарилгандан кейин Миртемирни ёнига чақирди:

-Шаҳрингизга… шаҳримизга борамиз. Ана у Пўлатни ишдан бўшатиб келамиз. Мен уни яхши одам деб ўйлагандим, лекин аблаҳ экан. Ҳамма ёқни сотиб еди, планларни барбод қилди. Бу шаҳар ва бу вилоят бизнинг ифтихоримиз. Уни келинчакдек ясатиб қўйишимиз керак. Пўлат бензин станциялари калитини отасига, машина сотадиган жойларни укасига бериб қўйибди. Мен уни одам қилмоқчи бўлдим, аммо йўлга юрмади. Мана бу ҳужжатларни қаранг, агар вилоят сессиясида гап-сўз кўпаядиган бўлса, менга ёрдам берасиз. Ҳар қандай қилиб бўлса ҳам, у порахўр, ўғридан қутулишимиз керак.

Миртемир ҳужжатларга назар солар экан Пўлат Мажидович ҳам қулоғига қадар балчиққа ботган экан, деб ўйлади. Илгари пойтахтда ишлаганида атрофига ҳамтовоқлар тўплабди. Кейин бу вилоятга юборилганида, ана шу ҳамтовоқларини ҳам бирга олиб келибди.

Миртемир Пўлат Мажидовични биринчи котибликка олиб келишган кунни эслади. Ўшанда Каримов уни “ҳалол, пок, виждонли, ўзини эмас халқини ўйлайдиган одам” деб мақтаганди. Орадан бир ярим йил вақт ўтди. Энди у ҳакда тескари фикрларни айтмокда.

Миртемирнинг хаёл суриб қолганини кўрган Каримов унга сўз қотди:

-Пўлатни бу ишга қўйгунча она сутим оғзимдан келганди. Аммо ишончни оқламади. Ҳар куни саунага бориб, маишат қилгандан кейин ишлашга вақт қоладими? -у шундай деб чўнтагидаги суратларни олиб Миртемирга узатди.

Миртемир ҳайратланиб қолди. Пўлат Мажидовичнинг сауна ичидаги ҳар бир ҳаракати суратга олинганди. Чалқанча ётибди, уни қизлар массаж қилишаяпти, ўзини ҳовузга ташлаяпти, чой ичаяпти, саунанинг иссиқ хонасида бир мушт бўлиб ўтирибди… бунисини қандай суратга олишди экан? Ҳа, буларга қолса игнанинг тешигидек жойдан ҳам суратга олишади. Суратларнинг бошқаларида Пўлат қип-яланғоч, атрофида эса фоҳишасимон қизлар…

-Ҳа, -деди Каримов. -Султон киму қул кимлигини ана шундан билса бўлади. Болдирлари қуёш кўрмаган қизларни қўйнига олиб, эмиб ўтирибди, бу баччағар. Ҳаётнинг гаштини билади энағар.

Миртемир Пўлат Мажидовичдан нафратланди. Қанча-қанча инсонларнинг тақдирини шу ахлоқсизга ишонишган. Наҳотки, кирдикорлари очилиб қолишидан қўрқмади? Ёки ўзини ҳокиму мутлоқ деб ҳисобладими? Илгари кўп миш-мишлар тарқалганди, лекин бир раҳбарнинг бу қадар тубан кетишини тасаввур қилолмаганди. Мана энди кўриб турибди. Бундан оиласи, фарзандлари хабар топса, нима қилади? Наҳотки, буни ўйламади? Бугун Каримов мана бу суратларни вилоят депутатларига кўрсатса, Пўлат қандай қилиб бош кўтаради? Умуман, мансаб дегани шу қадар жодугармики, унга соҳиб бўлган инсон ўзини, виждонини, иймонини, ахлоқини бағишлайди? Мансаб нима сабабдан инсонни бунчалик тез бузади? Айб мансабдами? Йўқ, айб инсоннинг ўзида! У мансабга келмасидан олдин ҳам йўлдан чиққан бўлса, кейин ўзини тўхтата олмайди.

Демак, айбнинг тенг ярми шундай одамларни мансабга ташиганлардадир. Уларнинг кимлигини билмасдан, ўрганмасдан мансаб ҳадя этса, ургани шу бўлади. Балки, Пўлат ўзини хон каби ҳис этишида бошқа сабаблар ҳам бордир? Нима бўлганда ҳам бундай хулқи бузуқ, иши бад, порахўр одамни Каримов кеч бўлса-да танибди. Ундайларни алмаштириб ташлаш керак деган фикрга келгани яхши, халқ ҳам хурсанд бўлади.

Қирқ беш дақиқа “пир” этиб учиб кетди. Уларни вилоят партия қўмитасининг биринчи котиби Пўлат Мажидович ва ижроқўм раиси Тошбўри Қиличев, Жўрабеков ва Мавлонлар кутиб олишди.

Миртемир Пўлат Мажидовичга разм солди. Туппа-тузук одамга ўхшайди. Невараси тенги қизлар билан кайфу сафо қилишини хаёлга ҳам келтириш қийин. Ўзини жиддий, ғурурли тутмокда.

-Қиличевнинг хонасига чиқамиз, -деди Каримов марказга етиб келишганда.

Каримовнинг вилоят партия қўмитаси биносига эмас, ижроқўм биносига қараб юриши Пўлат Мажидовични ҳайратлантирмади. Миртемир эса Каримовнинг совуққонлигига ҳайрон эди. У ҳеч нарса бўлмагандек, юриб борарди. Ўн иккинчи қаватга кўтарилгач:

-Нега тортишиб юрибсизлар? -деди Қиличевга.

-Йў… Биргаликда ишлаяпмиз, -деб жавоб қилди Қиличев.

Каримов унинг хонасига қадар индамай юриб борди. Ичкарига киргандан кейин:

-Шу билан бирга ишлаб бўладими? -деди, кўрсатгич бармоғи билан ташқарига имо қилиб.

-Нима қилайлик…Ўзингиз маслаҳат бериб, йўл кўрсатсангиз…-деди Қиличев.

-Йўл ҳам, маслаҳат ҳам шуки, энди бизнинг командага кирасиз, ҳокимликни ўзингиз оласиз. Ҳа, унинг миллати нима ўзи?

Қиличев жавоб беришдан қочди.

-Сиз ҳам асли тоза эмассиз, менга уч-тўрт киши шикоят қилиб борганди. Сизни Мирсаидовни қўллаяпти, дейишганди. Лекин ишонмадим. Бу дегани иш битди дегани эмас. Яна текшириб кўрамиз, дегани.

-Билмадим… Йў… -шивирлади Қиличев.

-Туман биринчилари Пўлатни талаб қилиб, менга мактуб ёзишган. Сизни талаб қилганлар ҳам бор. Уни ишдан олишимни кимдан эшитди? Сиз кимдан эшитдингиз?

Қиличев қўрқиб, ранги оқариб кетди ва:

-Ўлай агар, хабарим йўқ, -деди.

-Ўлишнинг ҳам вақти келади. Керак бўлса, жонингизни ўзимиз оламиз. Ҳозир эса вилоятни ва шаҳарни тозалаш керак. Лекин бирданига эмас, аста-секин. Орқасида кучи борларнинг елкасини силаб, кейин боплайсиз. Раҳбар ҳам артист, ҳам томошабин бўлиши керак. Ўзингиз ўйнаб, ўзингиз томоша қиласиз. Душман билан ҳам ўпишиб, қучоқлашиб юриш лозим. Шундай қилмасангиз, унга ҳукмрон бўлолмайсиз. Ҳар бир туманда тўрт-бештадан ўз одамингиз бўлсин. Ҳамма жойда ўзимизнинг “тўпчалар”имиз бўлиши шарт. Ўшанда гап-сўз камаяди.

-Қуллуқ, оқсоқол, -деди Қиличев.

-Ҳа, нега ўтган сессияда сўзга чиқмадингиз? Қўркдингизми? Жасорат йўқ сизларда. Ана у эшак Пўлат ҳам тиржайиб ўтирганди. Кўрдингизми, бир ўзим ҳаммасини тинчитдим. -Каримов шундай деб, кўз остидан Миртемирга қаради.

Миртемирнинг авзойи бузилди, лекин индамай ўтирди. Каримов Қиличевни сўроқ қилишда давом этди:

-Бу ердаги депутатлар сизга қулоқ солишадими ўзи?

Қиличев шоша-пиша:

-Қулоқ солишади, -деди.

-Бўпти, сени табриклайман, бола, -дея Каримов ўрнидан турди ва Қиличевнинг елкасига бир урди-да, уни қучоқлади. Кейин улар ўпишдилар.

Миртемир бу манзарага ҳайратланиб қараб турар экан, Қиличев унинг ёнига келди:

-Раҳмат, -дея Миртемирга қўл узатди.

-Табриклайман, -деди Миртемир совуқ оҳангда.

Миртемир Каримовнинг Қиличевни сенсирагани ҳақида ўйлай бошлади. Демак, уни ўз командасига олди. Ўз мулки, деб ҳисоблай бошлади. Балки ўзини ота, уни эса бола, деб ўйлаётган бўлса керак?! Наҳотки, катта бир вилоятга раҳбар бўлаётган одам қулликни, тобеликни шу қадар осон қабул этса? Эртага унинг ўзи бошқаларга худди ана шу саҳнани такрорлайди. Одамлар ҳам қизиқ. Мансабга минган кишининг ҳам олдидан ҳам орқасидан чироқ ёқишади. Ҳам юрган, ҳам юрмаган йўлини супуришади. Ишдан кетган куни эса, юзига ҳам қарашмайди. Саломни насия қилиб, ўтиб кетишади. Балки ана шу ҳолатнинг ҳам раҳбарларнинг қул бўлиб қолишларида таъсири бордир?!

Каримов Миртемирга юзланди:

-Сиз нима дейсиз? Бунга ишонса бўладими?

-Мен кўққисдан бир нарса дейишим қийин. Аммо бу одам ҳаққида ёмон гап эшитганим йўқ.

-Бизга ана шу фикрингиз етарли, -деди Каримов ва Жўрабековни чақирди. У билан Мавлон ҳам кирди.

-Сизлар кутиб туринглар, -деди у Қиличев ва Мавлонга.

Қиличев хонадан енгил одимлар билан чиқар экан, Мавлон эса чўкиб қолган одамдек, фил одим ташлаб, чиқиб кетди.

-Бўлди, Қиличевни қўямиз,-деди Каримов Жўрабековга.

-Яхши-ю… -Жўрабеков питирлаб қолди.

-Нима гап? Нега иштонига ўтириб қўйган боладек, тортинасиз? Районларга чиқдингизларми? -Каримов жаҳл билан сўради.

-Мана, ҳамма “биринчи”лар Пўлат Мажидовични исташаяпти, -деб Жўрабеков қўлидаги, айрим жойлари қизил ранг билан бўялган қоғозни Каримовга кўрсатди.

-Ўзи уюштирган, -деди Каримов унинг гапини кесиб.

-Аҳвол оғир, Қиличев бироз миллатчи. Исо Холис билан алоқаси бор. Вилоят партия конференциясида ҳам миллатлараро тортишувни чиқарган шу. Эсингизда бўлса, биз айтган номзодлар ўтолмай қолганди. Сизнинг топшириғингиз билан бу ишни аранг тўғрилаганмиз, -дея Жўрабеков ҳужумга ўтди.

-Аниқми?

-Аниқ. Мана, бир неча киши ёзиб ҳам берди. Қиличев ўз мафиясини тузиб олган. У ҳоким бўлса, бошимиз ғавғодан чиқмайди. Талабаларни ишга солиб, шаҳарни бошқа миллатлардан тозалайман, деган гапини “комитет” ҳам ёзиб олган, -дея Жўрабеков қоғозларни Каримовнинг олдига қўйди. Аммо Каримов бу қоғозларга эътибор қилмади.

-Депутатлар билан гаплашдингларми, улар нима дейишди? -сўради Каримов.

-Улар ҳам умидимиз Каримовдан. Бошимизга Қиличев деган балони олиб келмасинлар, эскиси билан эплаб турибмиз, дейишди. Агар уни бўшатсалар, Каримовдан хафа бўламиз, деган гапни ҳам айтишди.

Каримовга бу гап ёқмади:

-Хафа бўлишса… -У мириқиб сўкиб олди.

-Шундайку-я, лекин бутун халқнинг кўзи бугун бизга қараган. Агар ишимиз шу ерда “провал” бўлса, “булар ўз юртида сўзларини ўтказишолмади” деган гап бўлади.

-Шундай экан, нега депутатларни тайёрламадинглар? -деди Каримов.

-Тайёрладик, ҳаммаси сизни қўллайди. Пойтахтда олдинги сессияда сизга қарши бўлган ҳаракатлардан ҳам ғазабда улар. Уч-тўрттаси гапиради ҳам. Маҳаллий телевизорда ҳам кўрсатамиз, -Жўрабеков ўзини бироз “қўйиб” юборди.

-Бу ерда телевизор борми? -ажабланиб сўради Каримов.

-Ҳа, уч тилда кўрсатув беради.

-Кўрдингизми, мана сиз мендан хафа бўлиб юрибсиз, -дея Миртемирга юзланди Каримов. -Мен ҳатто қаерда телевизор борлигини билмайман. Сиз бўлсангиз Муборакдаги телевизорни ёпиб қўйишларини мендан кўргандингиз.

-У ердаги телевидение билан бу ердагисининг фарқи ер билан осмонча.

-Осмон-посмони йўқ, ука. У ерда ҳам, бу ерда ҳам одамни кўрсатади. Президент келиб бошида қоровуллик қилмайди. Халқингиз шу бўлгандан кейин, Президент нима қилсин? Мана кўраяпсиз, бу ерда ҳам тишимиз ўтмаяпти.

Миртемир кулимсираб қўйди.

Каримов Жўрабековга қараб:

-Булмаса бошқани қўяйлик, -деди, яна масалага қайтиб.

-Оқсоқол, Пўлат сизга содиқ. Сизни ўз отаси ўрнида кўради. Ўл десалар ўламан, тирил десалар тириламан, дейди. Вилоятни яшнатиш ҳақида халққа ваъда бераверсинлар, агар бажармасам, йигит эмасман, деяпти. Сайловда ҳам, бу ерда ҳам сизнинг асосий “поддержкангиз” Пўлатдир. Унинг садоқати самимий. Ҳар тарафлама текшириб кўрдик. Мен ўртада кафилман.

-Мана бу ҳужжатлар, суратларчи? Улар нима бўлади?

-Оқсоқол, бундай аҳмоқчиликни биз ҳам, бошқалар ҳам қилган. Лекин сиз бағри кенг одамсиз. Кимни кечирган бўлсангиз, Сизга содиқ бўлиб қолмоқда. Буни ҳам бир марта кечиринг. Бу ҳужжатлар сейфда турганини билиб, у яна ҳам яхшироқ ишлайди, жилови қўлингизда бўлади.

-Мавлон қани? -сўради Каримов.

Умрзоқов югуриб кирди. У билан ҳам савол-жавоб юқоридагидек бўлди.

-Пўлат Мажидович тинчликни сақлаяпти. Ҳозирча ишлаб турсин. Бузғунчиларни бир тараф қилиб олганимиздан кейин… -Мавлон гапининг қолганини ютиб юборди.

-Яхши, унда Қиличевни нима қиламиз?

-Уни ҳам ҳозир четлаштириб бўлмайди. Тарафдорлари кўп. Бирор йил ишласин, кейин силжитамиз, -деди Жўрабеков.

Миртемир Каримовнинг кўзига ёш олган ҳолати билан ҳозирги аҳволини таққослай бошлади. Каримов булардан қўрқади, дейиш мумкин эмас. Ҳаммаси унинг ёнида қалтираб турибди. Буларга ишонади, дейиш ҳам қийин. Ҳаммасини бир-бирига қайраб қўйган. Ёки булар уюштирган фитна қаршисида Каримов ип эшолмай қолаяптими? Йўқ, буларнинг ҳар бир одимидан хабардор. Нега унда ҳар соатда турланади? Балки феъл-атвори шундайдир?! Ҳақиқатдан ҳам, бирор гапга “лов” этиб, ёниб кетади. Кўп ўтмай “гуп” этиб сўниб қолади. Ёнган пайтида қаршисидаги одам ҳам, унинг тақдири ҳам қўшилиб ёниб кетади. Сўнган пайтида эса ёниши керак бўлган оловни ҳам ўчиради. Балки, бу феъл қайсидир маънода яхшидир? Яъни ёлғиз ўзигагина яхши, бошқалар учун эса таҳликали. Айниқса, минглаб-миллионлаб инсонларнинг қисматига ҳукм қиладиган инсоннинг феъл-хўйи ана шундай бўлса, ҳамманинг жонига “вой”.

Бундай раҳбар билан ишлаш ҳам осон, ҳам оғир. Тобе бўлишни, қулликни севганлар роҳат қилиб ишлайдилар. Бирозгина ўз фикрига эга бўлганлар, дарров ўжарга чиқади ёки йўқотилади. Менимча бу одам ўта таҳликали. Мени ҳам алдаб юрибди. Бир кун келиб, кунини кўрсатиб қўяман, деб ўйлаётгани, заҳарханда кўзларидан сезилиб турибди. Бундай одамлар ҳар қандай ўйинни, ҳар қандай ролни мукаммал қилиб ижро этадилар. Улар учун қабиҳлик ва адолат, инсоф ва диёнат, ҳаром ва ҳалол, нур ва соя, яхши ва ёмоннинг чегаралари йўқ. Бир зумда бу сарҳаддан у сарҳадга ўтиб кетаверадилар. Тўхта, тўхта, оғайни файласуф бўлиб кетдинг. Воқеалар нима билан тугашини кутмасдан, хулосани чиқариб бўлдинг. Яна бироз томоша қил, ана ундан кейин мушоҳада юрит!

Бу пайтда Каримов Жўрабеков билан суҳбатлашаётган эди.

-Демак, бу бола ҳам аблаҳ эканда-а?

Ўша сессиядан олдин парламентнинг собиқ раиси Иброҳимовни зиёрат қилибди. Чол қулоғига бир нарсалар шипшитган бўлса керакки, у ердан чиқиб, Мирсаидовнинг ёнига борган.

Биров ишдан бўшагандан кейин ҳам булардан қутулолмайди, деб ўйлади Миртемир. Каримов ҳам ҳалига қадар Иброҳимовга кин сақлаб юрибди. Балки, кин сақлашининг сабаби, атрофидагилар унинг номини тез-тез эслатиб туришларидадир? Балки, Каримовнинг кин сақлаганини билганлари учун, унинг номини тез-тез такрорлашаётгандир. Хуллас, буларни тушуниш қийин.

45.АНАНАС

Миртемир касалхонада ётганида, Мирзаолим Иброҳимов ҳам хаста эканлигини айтишди. Кекса одам, турган битгани ҳангома, аския эди. Ҳаётни жиддийга олмасди. Масхара билан кун ўтказарди. Нима бўлганда ҳам, бир зиёрат қилиб қўяй, деб Миртемир унинг палатасига келди.

-Э, хуш келдинг, болам, -деди Мирзаолим Иброҳимов ўрнидан туриб.

-Палатагами ёки касалхонагами? -аския қилмоқчи бўлди Миртемир.

-Касалхонага ҳам хуш келдинг, деяверишим мумкин, чунки бу ер ана у ёкдан тинчроқ, -Мирзаолим Иброҳимов “Ана у ёқ” дер экан, нимани назарда тутганини Миртемир англади. -Айбга буюрма, болам, келганингни эшитганимга бир ҳафта бўлади, лекин юқорига чиқолмайман. Зерикиб ҳам қолгандирсан?

-Ҳа, жавоб беришмаяпти. Аламни қаламдан олаяпман. Олий кенгашдаги ҳангомаларни ёзаяпман, -деди Миртемир.

Мирзаолим Иброҳимов аввал тиржайди, кейин юзи жиддийлашди, киприклари пир-пир ўйнай бошлади.

-Ҳа-ҳа, роса ҳангома кунларни яшадик… Лекин мен ҳам зерикиб қолдим, кошки ёзганларингни берсанг-да, бир мириқиб ўқисам.

Миртемир истамасада, Мирзаолим Иброҳимов асаларига ўхшаб ёпишиб олди. Иложсиз қолгандан кейин, ёзганларини оқшом чоғи келтириб берди. Эрталаб хабар олишга тушганида, Иброҳимов хонасида йўқ эди. Миртемир атрофга аланглаб, қўлёзмасини қидирди. Ғаладоннинг устида турган қўлёзманинг ўн олтинчи саҳифасига қадар ўқилгани, варақларнинг тескари қилиб қўйилганидан маълум эди.

Миртемир докторлардан сўраганди, улар Иброҳимовнинг қон босими ошиб, реанимацияга олинганини айтишди. Миртемирнинг хаёли қочди. Реанимация бўлимига келди. Докторлар ичкарига киритмадилар. Қайтиб чиқаётганди, ҳамшира уни чақирди.

-Сизни Мирзабек ака сўраяптилар.

Хаёли паришон бўлган Миртемир, оёқ учида юриб, ичкарига кирди. Мирзаолим Иброҳимов ётган ётоқнинг тепасида юрак уришларини кўрсатиб турган жиҳозлар ишлаб турарди.

-Бу ерга кел, болам, -дея, пичирлади Иброҳимов ва қўли билан “Ёнимга ўтир” ишорасини қилди. Миртемир нима дейишини ҳам билмас эди. Иброҳимов ёстиғи остидан газетага ўралган бир китобни олди.

-Қўлингни шу китобнинг устига қўй, -деди.

Миртемир ҳайрон бўлиб қўлини китобнинг устига қўйди.

-Энди қасам ич, мен тирик эканман бу ёзганларингни бирор ерда чоп этмайсан.

Миртемир юрак уришларини қайд этиб турган жиҳозларга қаради. “Тиқ”, “тиқ” этган товушлар тиғ каби фикрларига санчилди.

-Чоп этмайман, -деди.

-Худога шукур,-деркан, Иброҳимов ҳамширага юзланди. -Хоним, ананасни кес, бир тилим менга, бир тилим Миртемирга бер.

Миртемир ҳамшира деб ўйлагани, Иброҳимовнинг умр йўлдоши эканлигини англади. Унинг ҳам юзи ёришганди. Мирзаолим Иброҳимов ўрнидан туриб ўтириб, ананасни мириқиб еди…

Уч кундан кейин Мирзаолим Иброҳимов касалхонадан чикди. У шахдам одимлар билан юриб, чиқиб кетаркан, орқага қайрилиб, Миртемирга қўл силтади ва кулиб қўйди. Иброҳимовнинг бу қараши унга “Қалай, болам, яна бир ҳангомага гувоҳ бўлдингми? Сени яна бир марта бопладимми?” дегандек туюлди .

Балки, Иброҳимовнинг масхарабозлиги Каримовнинг жон-жонидан ўтгандирки, унинг номини эшитганда, ўзини тутолмай қолар? Лекин Мирзаолим Иброҳимов у қадар ёмон одамга ўхшамайди. Ёш, ўйинқароқ болани эслатади. Унинг ҳангомалари кишининг қалбига оғир ботмайди. Балки, ҳар бир ўйинни самимий ўйнаганидан бўлса керак. Саҳнада масхарабоз ёки аскиячи сизга қанча оғир ҳазил қилса ҳам, енгил тортганингиздек, Иброҳимовга ҳам кин сақлолмайсиз, деб ўйлади Миртемир. Аммо Каримов нега бу қадар уни севмайди? Умуман,у бировни севармикан? Менимча, у одамларни ўзи учун яратилган унсурлар деб билади. Шу боис ҳам унга бировнинг бировдан фарқи йўқ. Истаса ишдан қувади, истаса ҳар қанча бадкиркорга ҳам, катта лавозимларни бағишлайверади.

46.ТЕПКИ

Мана энди Каримов Пўлат Мажидович қолиб, Қиличев нинг иғвосини қилмоқда.

-Қиличевни сессияда шарманда қилиб, қувсакмикан? Йўқ, уни олдин бир тепкилашим керак, -деди Каримов.

Каримовнинг “тепкилашим” деган сўзи Миртемирга касалхонадаги яна бир воқеани эслатди. У туш пайти ухлаб ётганди.

-Миртемир, Миртемир,-деган товушдан уйғонди. Бош учида телевидениеда ишлайдиган дўсти Отажон ўтирарди. Уни ҳам Каримов яқинда девонга ишга олганди. У шу қадар ҳовлиққан қиёфада эди-ки, ҳол-аҳвол сўрашни ҳам унутиб:

-Каримов мени тепкилади, -деди.

Миртемир кулди.

-Ишонмаяпсиз-а, ростдан ҳам орқамга тепди. Жигартепада тупроқ кўчиб, битта қишлоқ йўқ бўлганини эшитган бўлсангиз керак. Қанча-қанча инсонлар нобуд бўлишди. Мен ҳам мухбирларни олиб, ўша ерга бордим. Мутахассислар “Энди келишингизнинг фойдаси нима? Бу ерда штаб тузиб олиб, инсонларга уй қуриб берамиз деганингиз билан ўлганларни тирилтира олмайсиз. Биз тупроқ кўчишини олти ой олдин девонга маълум қилганмиз”, дея ситам этишди. Мен шу мактубнинг изига тушдим, Алимовга қадар етиб келганини аниқладим. Кейин Каримовнинг ҳузурига кирдим. Асл жиноятчи шу ерда экан, дегандим, “Сен ҳали мени жиноятчи, дейсанми?”дея хонасидан тепиб-тепиб чиқарди. Сиздан маслаҳат сўрашга келдим. Нима қилай?

-Нима қилардингиз, -дея жилмайди Миртемир. -Каримов ҳар кимни ҳам тепмайди. Ифтихор қилсангиз, арзийди.

-Ростданми?

-Ёлғони борми? -деди Миртемир кинояомуз.

Отажон яна ҳовлиққанича чиқиб кетди. Миртемир кейин эшитса, у ҳамма жойда бу воқеани мақтаниб, айтиб юрган экан. Демак, ўша Отажон, ҳеч ўзгармабди. Каримовнинг тепкиси ҳам ўзгартирмадими, демак, ҳеч бир нарса ўзгартиролмайди, деб ўйлади Миртемир. Мана энди Каримов Қўчқоровни тепкилашни орзу қилаяпти. Балки, беш дақиқадан кейин орзу сарҳади кенгайиб, яна бирор кишини тепкилашни истар. Эҳ, бу дунёда ғурурсиз одамлар озми?!

-Пўлат ҳам Шукруллонинг ёнига борган экан-ку?

-У менинг ёнимга борганди. Шукруллодан гап олиш учун, Пўлатни унинг ҳузурига юборгандим. Бу воқеани олдин ҳам сизга…

Каримов Жўрабековнинг гапини кесиб:

-Хўп, нима қиламиз? -деб соатига қаради.

-Қиличев ҳозирча қишлоқ хўжалиги билан шуғулланиб турсин. Оддий ўринбосар бўлсин. Биринчи ўринбосарликка сизга содиқ бир одамни қўяйлик, чунки миршаблик, прокуратура,”Комитет” унинг қўлида бўлади.

-Кимни қўямиз? -қатъий оҳангда сўради Каримов.

Жўрабеков Каримовга холис кўриниш учун, бундай ҳолларда унинг назарига тушган кишиларнинг исмини айтарди. Икки кун олдин Каримов Жўрабеков билан Мавлонни бу ерга юборар экан, уларга айтмасдан девонда ишлаётган Алишер Мардиевни ҳам “яширин топшириқ” билан юборганди. Буни Жўрабеков билгани учун:

-Алишер яхши йигит…, -деди

-Алишерми? У девонда керак, -деди Каримов хомуш оҳангда.

-Ҳозирча ишлаб турсин, кейин қайтариб оламиз, -деди Жўрабеков.

-Қани ўзи?

-Ташқарида.

-Сизлар чиқиб туринглар, у кирсин.

Алишер кириб, эшик ёнида турди.

-Якинроқ кел. Хўп, Пўлатни қўямизми, Қиличевними?-деб сўради Каримов.

– Қиличев сизга содиқ.

-Униси-чи?

-У “Мен Каримовдан ҳам, ҳеч кимдан ҳам қўрқмайман” деган экан. Комитетнинг ёзуви бор.

-Нега шу пайтгача айтмадинг?

Алишер қўрқиб жавоб берди:

-Қўлингиздаги ҳужжатларнинг орасида матни бор эди.

-Бу ерда миллатлараро масала қандай?

-Тинч, фақат Пўлат Мажидович кавлаштириб юрибди, -деди Алишер паст овоз билан.

-Гап бундай, шу ерда қоласан. Пўлатни ўзинг йўқотасан. Кейин шу жой сеники, билдингми?

-Билдим, оқсоқол! -дер экан, Алишер ўзини йўқотиб қўйгандек бўлди.

-Бор, Пўлат кирсин.

Пўлат Мажидович кўпкарида терга ботган отдек, ҳолсиз ҳолда ичкарига кирди.

-Хўш, нима қиламиз? -деди Каримов.

-Увла десангиз увлайман, акилла десангиз акиллайман, ўл десангиз ўламан!

Воҳ, безбет, деб ўйлади Миртемир. Мансаб учун ит бўлишга ҳам, ўлишга ҳам тайёр. Наҳотки, инсон зоти шу қадар тубан бўлса?! Ёки йиллар, воқеалар уни тубанлаштириб юборадими? Бир бурда нон, бир қошиқ сув ҳамма жойда топилади. Ҳалол нонини еб, тиниқ сувини ичиб юрса бу кунидан минг марта яхши эмасми? Балки, бу инсонлар учун мансабдан айрилиш ғурурдан айрилишдир? Ҳа, мансаб булар учун ғурур, ҳаёт. Агар ҳозир Каримов бутун хонумонингни ўртага қўясан, деса индамай рози бўлади. Булар учун шараф, номус деган тушунчаларнинг ҳаммаси мансаб билан мужассамлашган. Орқаваротдан қўрқмайман, деб айтади-ю, қаршисига келганда, итдек тили осилиб, оёғига суйканади. Бир бўлак суяк учун ғингшигани-ғингшиган.

Каримов Пўлат Мажидович билан рус тилида гаплаша бошлади.

-Ўл десам ўлолмайсан, нега мен гапирганда жаҳлинг чиқади?

-Оқсоқол, “Онангни…” деган сўкишни олдин эшитмаган эканман, шунга бироз… Ўшанда аҳмоқлик қилиб, телефонни қўйиб қўйдим. Энди ундай бўлмайди.

Миртемир Каримовнинг бу ерга келишининг сирини энди тушунди. Демак, Каримов Пўлат Мажидовични буралаб сўккан, у эса телефон дастасини қўйиб қўйган. Шундан кейин, Каримовнинг фиғони сайёр бўлиб, бу ерга текширувчиларни юборган.

-Мен онангни дедимми, демак онангни (…)аман.

Пўлат Мажидович қизариб бўзарганча, бошини эгди. Миртемир ўрнидан туриб, хонадан чиқиб кетаётганди:

-Қаёққа, -деди Каримов.

-…

Каримов кулиб юборди:

-Бўпти, қайтинг, сўкишмаймиз. Мен сўкмайин десам ҳам, мана булар мажбур қилишади. Бу эшаклар одамга ўхшаб юрсалар, мен ҳам уларга одамга ўхшаб муносабатда бўламан.

-Бундан кейин… -Пўлат нимадир демоқчи бўлди, лекин Каримов уни гапиртирмади.

-Мана бу доселарни қара, -деди Каримов. -Истаган вақтда сени қамоққа тиқаман. Чириб кетгунингча, томоша қилиб ўтираман. Кимдан, қанча пора олгансан, кимга, нима сотгансан, ҳаммаси бор. Тоза эмассан. Аввал тозаланиб, кейин гапир, хўпми? Агар яна бир марта телефон дастасини қўйиб қўядиган бўлсанг, ўша кун онангни (…)аман билдингми?

-Яхши…

-Агар гапимни икки қилсанг, ўша кун (…)аман билдингми?

-Билдим!

Русча гапираркан, Каримов шу қадар бийрон эди-ки, унинг сўзларига ҳатто Пўлат монанд жавоб тополмасди.

-Мен билан ўйнашиб бўлмайди, билиб қўй, -дея сўзда давом этди Каримов. -Агар содиқ бўлсанг, ҳурмат топасан. Ҳаммаси яхши бўлади, нима десанг, қилиб бераман. Хиёнат қилсанг … кучимни кўрдинг. Келишдикми?

-Келишдик, -дер экан, Пўлат хурсанд бўлиб кетди.

-Сен учун Жўрабеков орага тушди. У ҳам қил устида, унутма. Сен ёнадиган бўлсанг, у ҳам сенга қўшилиб, жизғанак бўлади.

-Раҳмат, оқсоқол, раҳмат!

-Кетдик. Ҳозир сессияда содиқлигингни кўрамиз, -деди Каримов Пўлатга.

-Қиличев нима бўлади? -деб сўради Пўлат Мажидович.

-У ҳам, Алишер ҳам биринчи ўринбосар бўлсин.

-Низомда фақат бир ўринбосар кўрсатилган.

-Низомни ўзгартириб бераман. Бу вилоятнинг аҳамияти катта. Бу ерда иккита биринчи ўринбосар бўлса, осмон узилмайди.

Улар қўл беришиб, қучоқлашиб, ўпишиб олдилар. Миртемирнинг Пўлат билан кўришгиси келмагани учун, ҳеч нарсани эшитмаган ва кўрмагандек, деразадан ташқарига қараб турарди.

Сессияга кириш арафасида Жўрабеков Пўлатнинг қўлини қисди.

-Эртага бораман, -дея шивирлади Пўлат.

-Шошма, вақтини ўзим айтаман. Аввал Каримов билан гаплашиб олай, кейин сени хабардор қиламан.

Сессияда Каримов узоқ гапирди. Тошкентликлар унга ҳужум қилишганини алоҳида урғу билан таъкидлади:

-Мана Миртемир каби укаларимиз, ҳамма нарса яхши бўлсин, деб ўйлашади. Аммо уларнинг танқидидан бошқалар фойдаланиб қолмоқчи бўлди. Шу сабабдан мен Миртемирни кечирдим. Лекин ўз юртимдан чиққан йигитлар менга қарши чиқишгани, қалбимни оғритди,-деди. Сўнг Пўлат Мажидовични ҳокимликка, Қиличев ва Алишерни биринчи ўринбосарликка тайинлагани ҳақида фармон чиқарганини айтди.

-Қани қарсак?! -деди Каримов

Залда гулдурос қарсак янгради. Пўлат сўзга чиқиб, Каримовнинг буюк истеъдоди ва тенгсиз хизматларини таъкидлади. Сессия тугаб, хайр-маъзур қилинди. Пойтахтга келгунга қадар, Каримов Миртемирга ҳеч нарса демади.

Миртемир, бу одам билан ишлаб бўлмайди, дея ўйлади. Девондан кетишим керак. Лекин қаерга?!

Учоқ булутларнинг бағрини тилиб, ерга яқинлашаркан, ҳар қандай юксалишнинг бир тушиши бор, деб ўйлади Миртемир. Каримов ҳам бугун юксалишда, аммо бир кун қанотлари қайрилиб, ерга тушиши аниқ. Лекин унинг ерга тушиши ҳам осон бўлмайди. Ортидан қанча-қанча фалокат ва вайроналар қолади…

(ИККИНЧИ КИТОБ ТУГАДИ)

Баҳора Олим

qalamim1.jpgЯПОН ОЛИМЛАРИНИНГ ЭЪТИРОФИ

АҚШда ҳамкорликда яратилган асарлари билан илмий доираларнинг диққат марказига тушган таниқли тадқиқотчилар Аллен Франк ва Жаҳонгир Маматовларнинг Ўзбек исломий баҳслар” (Allen J. Frank and Jahangir Mamatov,Uzbek Islamic Debates: Springfield: Dunwoody Press, 2006. 454p.) китоби бир қанча мамлакатларнинг илмий доираларида диққатга лойиқ деб топилмоқда. Continue reading

Jahongir Mamatov: “Aldarko’sa taxtga minganda…”

jm11.jpgSiyosiy latifalar

2005-2006

Aldarko’sa hayotining mag’zini idrok etishni istasangiz u holda mazkur kunlarda yuz bergan voqealarni ham eslang.
Shunchaki jilmayib qo’yishni istasangiz kunlariga parvo qilmasdan o’qiyvering.
Unutmang kunlar oldinga emas, orqaga qarab “yuradi”.
Zotan biz falakning charxi orqaga aylangan kunlarda yashadik…
Muallif. Continue reading

Темур Ҳайдаров

qalamim1.jpgДунёда ўзбекнинг номини шарафлаганлар


АҚШда ҳамкорликда яратилган асарлари билан илмий доираларнинг диққат марказига тушган таниқли тадқиқотчилар Аллен Франк ва Жаҳонгир Маматовларнинг навбатдаги китоблари нашр этилди.

Таниқли олимлар ўз асарларида Ўзбекистонда мустақилликдан кейинги даврдаги диний оқимлар, ташкилотлар ва гуруҳлар ичида мавжуд бўлган мунозараларни таҳлил этадилар. Уларга кўра, Ўзбекистонда чуқур асосли диний жамоалар мавжуд, лекин улар биттагина қарашни илгари сурмайдилар. Уларнинг орасида ҳам баҳс, мунозара, келишмовчилик мавжуд. Continue reading

ЖАҲОНГИР МАМАТОВ:Ўзбек тили давлат тили даражасига кўтарила олмади. Нега?

-Она тилида гапириш бачканаликми?

-Ўз миллатининг тилини ҳурмат қилмаган одам қандай қилиб ўз миллатини ҳурмат қила олади?

-ҚОНУНми, ҚОН+УНми? Continue reading

JAHONGIR MAMATOV: IAK

Memuar

1. UMID YOKI KIRISH O’RNIDA

Bu kitobni “Quvg’in” romanidan oldin qoralay boshlagandim. Lekin butun voqealikni ifodalash va zulm xarakterini ochish hamda o’quvchiga yetib borishini qulaylashtirish maqsadida “Quvg’in”da badiiy yo’lni tanlagandim.

Ma’lumki, O’zbekistonning Islom Karimov davridagi asl tarixi ustidan qora chaplanib, uning o’rniga yolg’on tarix yozildi. Voqealar mutloq buzib ko’rsatildi. Xoinlar qahramonga, qahramonlar xoinga aylantirildi

Shularni e’tiborga olgan holda va badiiy asar chetida qolgan hujjatlarni qayta ko’zdan kechirgan vaziyatda  “IAK” hujjatli kitobini yozdim.

Bu yerda asosan tarixni, ya’ni bo’lgan voqealarni o’z holicha keltirishga, tarix o’lmasligini ko’rsatishga, zulmning ildizi va asl qiyofasini bor holicha chizishga urindim. Bilmadim, bajara oldimmi, yo’qmi?

Har birimiz ana shunday ko’rganlarimizni va bilganlarimizni yozsak, tarixni tiklagan bo’lamiz. Kamina bo’sh qoldirgan  joylarni bu voqealarga guvoh bo’lganlar to’ldirishar, degan umidim ham bor.

2.TARJIMAI HOL

Ismi va sharifi: Islom Abdug’aniyevich Karimov.

Tug’ilgan  vaqti: 1938 yil, 30 yanvar.

Tug’ilgan joyi: Samarqand shahri.

Oilaviy ahvoli va oilasining tarkibi: ikki marta uylangan.

Rasman e’lon etilmagan  ma’lumotlarga ko’ra  Islom Karimovning birinchi xotinidan Petr ismli o’g’li bor.

Ikkinchisi bilan, ya’ni  Tatyana Akbarovna Karimova bilan birga yashaydi. Qizlari-Gulnora va Lola. Gulnora Karimova Amerika fuqarosi  Mansur Maqsudiyga turmushga chiqqan va 2002 yilda ajralgan. Ikki bolasi bor: Islom va Iymon.

Millati: aslida tojik,  rasmiyatda o’zbek.

Ona tili: tojik. Lekin rus tilida ona tili kabi gaplashadi.

Keyinchalik o’rgangan tili: o’zbek.

Ma’lumoti va mutaxassisligi: O’rta Osiyo politexnika institutining injener-mexaniklik fakultetini 1960 yilda bitirgan.

Toshkent Xalq xo’jaligi institutining iqtisod bo’limini 1967 yilda bitirgani haqida diplomga ega.

Norasmiy ma’lumotlarga ko’ra bu diplomni o’qimasdan olgan. Tekshirishning iloji yo’q, chunki bilim dargohining o’sha yillardagi arxiviga sirli ravishda o’t ketgan..

Prezidentlik davrida iqtisod fanlari doktori va O’zbekiston fanlar akademiyasining hamda Rossiyadagi bir qator akademiyalarning a’zosi bo’lgan.

Xizmat pillapoyalari:( Rasmiy e’lon qilingan ma’lumotlarga ko’ra)׃

1960 – Toshkent qishloq xo’jalik mashinasozligi zavodida master yordamchisi, master, texnolog.

1961–1966 – injener, Toshkent aviasozlik birlashmasida injener-konstruktor..

1966–1983 – O’zbekiston SSR Davlat planlashtirish qo’mitasining bo’limida  bosh mutaxassis, qo’mita raisining yordamchisi, bo’lim boshlig’i, boshqarma boshlig’i, qo’mita raisining birinchi o’rinbosari.

1983–1986 – O’zbekiston SSR Moliya vaziri.

1986 – O’zbekiston Davlat planlashtirish qo’mitasining raisi, Bosh vazir o’rinbosari.

1986–1989 –O’zbekiston Kompartiyasi Qashqadaryo viloyat  qo’mitasining birinchi kotibi.

1989–1991 –O’zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komiteti(MK)ning birinchi kotibi.

1990–1991 – KPSS MK a’zosi, KPSS MK Siyosiy Byurosining a’zosi.

1990 yil 24 mart  – O’zbekiston Oliy Kengashining sessiyasida O’zbekiston prezidenti etib saylandi.

1991 yil 29 dekabrda  –  umumxalq saylovida prezident etib saylandi.

1995 yil 26 mart kuni prezidentlik muddati referendum yo’li bilan 2000 yilga qadar uzaytirildi.

2000  yil 2 yanvarda   takror prezidentlikka saylandi, deb e’lon qilindi.

2002 yilda referendum yo’li bilan prezidentlik  davri yetti yilga uzaytirildi va uning 2007 yilga qadar taxtda qolishi kafolatlandi.

Mukofotlari: “Mehnat qizil Bayroq” ordeni va “Xalqlar do’stligi” ordeni (SSSR paytida olgan),  “O’zbekiston Qahramoni” birinchi raqamli oltin medali bilan (Prezidentligi davrida ta’sis etgan va birinchisini o’zi olgan), Mustaqillik ordeni  va Prezidentligi davrida ta’sis etgan va  o’zi olgan ordenlari, birinchi darajali Rus pravoslav Cherkovi ordeni  va boshqa bir qator xorijiy davlatlar mukofotlari, Misrdagi Al-Ahzar universitetining professori unvonini olgan.

Asarlari: 10; 12 tomlik to’plamlar. (Boshqalar yozib u o’qib bergan nutqlar  va  boshqalar yozib uning nomi bilan nashr etilgan asarlardan iborat).

Sevgan sport turi tennis o’yini.

Boshqaruv usuli: lenincha kommunistik boshqaruv usuli.

Boshqaruvdagi mahorat maydoni: “Hammani bir-biriga dushman qilib qo’y va boshqar!”, usuli.

Istagi:  tarixda ikkinchi emas, birinchi “Amir Temur” bo’lib qolish.

3. HAYRAT

Xalqning bir qismini aldash mumkin, yana bir qismini doim aldash mumkin, xalqning hammasini vaqtincha aldash mumkin, lekin butun halqni hamma vaqt aldash mumkin emas, degandi Amerika prezidentlaridan biri.

Chunki g’arbda mamlakatni idora qilishga da’vogar shaxslarning “yetti ko’rpasini” ag’darib ko’radilar. Shaxsning halolligi, rostgo’yligi, diyonatli, iymonli, insofli, aql-idrokli va salomat bo’lishiga ahamiyat beriladi.

Amerikada saylovlar davrida nomzod yoshligida qimor o’ynagani, qandaydir hujjatli filmni xavfsizlik idorasiga sotgani, narkotik qo’llangani, go’zal bir xonimga ko’ngil qo’ygani kabi holatlar ham suv betiga qalqib chiqqan. Chunki Amerika xalqi fermaga mudir emas, mamlakatga rahbar, agar mamlakat vujud bo’lsa, vujudga bosh, agar mamlakat bosh bo’lsa, boshga aql istashadi.

Sobiq Sovet ittifoqi davrida esa shaxsning o’zi emas, hujjatlari «toza» bo’lsa bas edi. Har qanday ifloslikka bulg’angan hujjatni ham pul bir pastda tozalardi. U paytda shaxsning partiyaga sadoqati, xalqqa qo’rqmay yolg’on so’zlay olish qobiliyatiga e’tibor berilardi.

Xo’sh, bugun nega O’zbekistonda mustaqil mamlakatda yashab, hamon  Lenin chizib bergan yo’ldan bir qadam ham nariga yoki beriga odim otilmayapti? Chunki hokimiyat makrning mulkiga aylandi, makrning  domiga tushdi.

Makr mahoratdir, degan gap bor. Makrning million qarmog’i bo’ladi. Biridan qochsang ikkinchisiga tutulasan. Makrdan uzoq bo’lishning yo’li ikkitadir. Biri uni bilish, ikkinchisi uni yo’qotish. Birinchisiga ega bo’lmay ikkinchisiga erishib bo’lmaydi. Tabiatning oddiy qonuni bu. Shu niqtai nazardan kelib chiqib, avvalo kutilmaganda hokimiyat tepasiga ko’tarilgan va tarixning burilish nuqtasida O’zbekistonda millat hamda mamlakat taqdiriga qora tamg’a urgan shaxsning, ya’ni makr manbaini o’rganib ko’rish kerak.

Hokimiyatni makr bilan qo’lga olgan va makr bilan boshqargan Islom Karimovni ham yaqindan, ham uzoqdandan yaxshi taniyman. Tarixning burilish nuqtalarida u bilan  ko’p marta to’qnash keldik. Uning shaxsi, nimaga qodir bo’lib, nimaga qodir emasligi, qanday qilib hokimiyatni bu qadar mahkam ushlab olishi, nima sababdan zulm va qatag’on yo’lini tanlashi, millonlab odamlarni baxtsizlikka boshlashi sabablari uning qiyofasida, ma’naviyatida “mana-man” deb turganday.

Ko’pchilik unga ishondimi yoki undan qo’rqdimi? O’zbekistonni saqlab qolish uchun uning qattiqqo’lligi, yakkahokimligi kerak edimi yoki bu qattiqqo’llik, yakkahokimlik O’zbekiston kelajagini tahlika ostida qoldirdimi? Nima sababdan bugunga qadar xalq uning kimligini tanimaydi va mamlakatni qanday boshqarishi haqida  aniq ma’lumotga ega emas? Bu uning mahoratimi yoki jamiyatning ojizligimi? Xullas, bu kabi sarhadsiz savollarga bois bo’lgan Islom Karimov kim?

Ilk daf’a Islom Karimovga duch kelganimda orzularim tug’yon urdi. “Yurakdagi bunday lovullagan olov, kuch-g’ayrat, fidoyilik bilan partiya idoralarida qanday ishlayapti ekan, bu zot?”- degan savol o’rtadi.

Tasavvur qiling, sobiq sho’rolar mamlakatida to’qnashuvlar tufayli quyosh chizig’idan chiqqan bir payt. Ham fikr, ham musht to’qnashuvlari. Ozodlik va qullik kurashmoqda edi. Sobiq komfirqa nima bo’lsa-da o’zini saqlab qolish talvasasida. Buning evaziga ko’p narsadan qochmoqqa va ko’p narsani emirmoqqa tayyor. Shunday kezda sho’rolar mamlakati tayangan va ishongan «shtab»lardan biri O’zbekiston komfirqasining birinchi kotibi Islom Karimov Samarqand viloyatining Kattaqo’rg’on tumanida saylovchilar bilan (O’zbekiston SSR Oliy Sovetiga 12-chaqiriq saylovlari boshlangan paytda) uchrashmoqda. Endi-endi o’zbek tilini o’rgana boshlagan «birinchi»ning so’zlarni qo’pol tarzda buzib aytishi, kulgiga bois bo’ladigan iboralar ishlatishi, oldi-qochdi gaplardan qutula olmasligi hech kimning g’ashiga tegmas edi. Chunki u kurmaklar aro pishiq guruchlar sochayotgandi׃

«Qachongacha yerimiz, Vatanimiz, boyliklarimizga naryog’dan kelganlar xo’jayinlik qiladilar?». Qarsaklar.

«Qachongacha o’zbek tili xor bo’ladi? O’z tariximiz, dinimiz, tilimiz, qadriyatlarimiz qachongacha karam (qaram demoqchi- J.M.) bo’ladi? Biz ozod, mustaqil bo’lishimiz uchun kerak bo’lsa jonimni beraman». Gulduros qarsaklar.

«Biz faqat paxta, tillolar evaziga dunyoda eng boy yashashimiz mumkinligini mana shu manbardan (minbardan, demoqchi – J.M.) ishonch bilan aytaman». Qarsaklar.

“Bu zamindagi hamma narsalar dunyo bozorida eng baland bahoga sotiladi. Oltin deysizmi, pilla deysizmi, qarako’l, paxta deysizmi, hammasi jahon bozorining eng chaqqon mahsulotlari, bular o’zimizga qolsa, biz dunyoning  boy davlatlaridan biri bo’lamiz. Mana men iqtisodchi sifatida bunga garantiya beraman: O’zbekistonning boyliklari o’z xalqini boqishga, boqqanda ham to’liq boqishga yetib ortadi, mana ko’rasizlar!” (Qarsaklar)

«Men naryog’dan, keling ochiq aytay, Moskovdan qo’rqadigan yerim yo’q. Sizlar himoya qilsalaring, bas! Nima deysizlar?» Gulduros qarsaklar.

«Farg’ona, Bo’ka, Parkent voqealarini kim uyushtirganini bilaman. Ochib tashlaymiz hali. Oldingizda tiz cho’kib aytamanki, hammasi jazosini oladi». Qarsaklar.

«Saylovlar ozod bo’ladi. Ko’ppartiyaviylikka yo’l ochamiz. Kommunistik partiya maydondan chiqadi. Moskovda uxlab yotgan deputatlarimizni ishga solamiz, ular haqimizni o’ndirish uchun ishlamasalar kim ishlaydi?». Qarsaklar.

“Din erkin bo’ladi, istaganimizcha machit quramiz, bizga restoranlar, qasrlar kerak emas, bizga ibodat qiladigan joy kerak”. Qarsaklar.

“Namoz o’qigani uchun partiyadan o’chirgan zamonlar o’tdi, endi kerak bo’lsa bu yurtda namoz qilmaydigan bo’lmaydi” degan gapni Konstitutsiyaga kiritib qo’yamiz. Dindan bexabar bo’lganlar o’rgansin, keyin kech bo’ladi. Ollohga xizmat qilishni o’rganmagan odam mening do’stim emas!. Qarsaklar.

«Paxta ishi» bilan qamalganlarni, insholloh ozod qilamiz. Xalqimizning nomini osmonga ko’taramiz». Karsaklar.

«Erni dehqonga beramiz, Gorbachyov qo’lini peshtaxta (pesh demoqchi-J.M.) qilmasin ko’p. Siz qo’llasangiz, biz ham qo’limizni peshtaxta qilamiz». Gulduros qarsaklar.

Qarsak urganlar va Karimovni qo’llab gapirganlar safida kamina ham bor edi. U juda ko’p odamlar o’ylab yurgan gaplarni tilga keltirgan edi. Uning aytgan ko’p gaplari mening ham orzularim edi.Uning nutqini kim yozib bergan bo’lsa ham xalqning ko’nglidagini satrlarga to’kkandi va Karimov uni  vaqtida tilga keltirgandi.

O’shanda “Birinchi”, ya’ni bir respublikaning boshida turgan shaxs bemalol yolg’on gapirishi, xalqni aldashi, bugun aytib ertaga so’zidan qaytishi mumkin, degan fikrdan yiroq edim. Taassufki, ana shu men yiroq bo’lgan fikrlar haqiqatning o’zginasi ekan. Ha, haqiqat olis-olislarda, etganlar bor, etmaganlar bor!

4. QOVUN O’G’RISI

Kunlarning birida qo’shnimiz Tamara opa bilan bahslashib qoldim׃

-Islom bilan birga o’qiganmiz, – dedi u maktab yillaridagi bir voqeani xotirlab. –Islom to’polonchi bola edi. Bahoni past qo’ygan muallimning sho’ri qurirdi. Ko’pincha «Siyob» kolxoz bozoridan qovun o’g’irlab kelishardi. «O’zbaklarni dog’da qo’yib keldik, «Ha, tojik bola», deb quvgandi, qovunlarining ustidan sakradim, u ham sakrayman, deb og’zi bilan yerga qopishdi. Qovunlari yumalab ketdi», deganda sinfdoshlarimizdan biri nimadir dedi. Islom qo’lidagi pichoqni partaning ustiga urdi-da, haligi qizning yuziga tarsaki tortib yubordi. Keyin onasi-yu otasini bug’doyzordan olib arpazorga soldi.

-Ha, endi bolalikda nima bo’lmaydi?- deya unga  qarshilik qilgan bo’ldim.

Oradan ikki yil kechib, Rossiyaning «Ostankino»  oynaijahoni «Xalq saylagan rahbar» nomi bilan  Islom Karimov haqida “hujjatli” film namoyish qildi. Keyinchalik bilsam, bu filmni ruslar O’zbekistonning o’sha kunlardagi juda katta miqdordagi puliga javoban sifatida suratga olishgan va pulni reklama uchun, deb rasmiylashtirishgan ekan. O’zbekiston hukumati “Mamlakatimizni jahonga tanitish uchun” deya televideniega katta miqdordagi pulni ko’chirgan ekan. Lekin film faqat Karimov shaxsini ulug’lash haqida edi.

«Bolalikdan balandga sakrashni yaxshi ko’rardim» dedi «xalq suygan» rahbar va filmda bu gap takror-takror  ekranga chiqarildi. Shunda ko’z oldimdan Tamara opaning hikoyasi xuddi hujjatli film kabi o’ta boshladi: qovun to’dasi ustidan sakrab o’tayotgan bola va  yiqilib qontalash bo’lgan dehqon bobo!

Oradan ko’p o’tmay yana Samarqandga borganimda Tamara opani gapga tutdim. Ammo u ochilmadi. Mendan shubha qilayapti, deb Karimovning odamlarga o’tkazayotgan zug’umlaridan aytib berdim.

Keyin u:

-Sinfdoshlarimizga nimadir bo’layapti,-dedi,- Ba’zilari televizorga chiqib yolg’on gapirib, Islomni maqtashayapti. Uning Oltin medal bilan maktabni bitirgani haqida to’qib-bichib gapirayaptilar. Ba’zilari esa O’zbekistondan ko’chib ketayaptilar…

Yanagi borganimda Tamara opa ham ko’chib ketgan ekan. Kimdir “Rossiyaga ketdi” desa, yana kimdir “Amerikaga ketdi” derdi.

Xullas, u  prezidentning bolaligi haqida bilgan narsalarini qayerga bo’lsa ham boshqa sinfdoshlari kabi o’zi bilan birga olib ketgandi.

Bir kuni saylovdagi ishonchli vakilim Hafiz aka Azizov to’yga aytdi. Alohida uyda Karimovning akasi Ibod aka va oqsoqollar o’tirishgan ekan. Hafiz aka  o’sha xonaga boshladi.

-Ibod Abdug’aniyevich yon qo’shnimiz bo’ladilar, – deya tanishtirdi Karimovning akasini bag’ri daryo, birovga yomonlik istamaydigan inson Hafiz Azizov.

-Bizning bolalarning tog’asiga o’g’il bo’ladilar bu kishi,-dedi-da Hafiz aka tashqariga chiqdi. Biz ancha suhbatlashdik. Ibod aka ochilmadi. Ukasi haqida so’z aytmadi. Faqat yaqinda to’y qilgani, to’yga Samarqand viloyat hokimi Po’lat Abdurahmonov kelganini tojik tilida qistirib o’tdi. U uzr istab chiqib ketgach, do’stlari gap boshlashdi. Balki meni tojik tilini tushunmaydi, deb uylashdimi, yoki sessiyada Karimovga qarshi gapirganim uchun ataylab “surpa”ni ochishdimi, harqalay tushunolmadim.

-Ukasi to’yiga kelmadi. Shundan og’ringan bu, – dedi oqsoqollardan biri.

-Islomni bilmaydimiki, xafa bo’lsin, – dedi boshqa bir oqsoqol.

-Narigi akasi o’lganda soat to’rtgacha tobutni ko’tarishmadi. Bir vaqt keldi-yu, «komissiya bor» deb orqasiga qaytib ketdi.O’shanda xafa bo’lmagan odam, endi ranjiydimi?

-Ishqilib oxiri baxayr bo’lsin. Qurg’ur otasini ham zor qaqshatgandi-da…

-He,otasida ham bor edi…

-Otang gadoy bo’lsa to’rva ushla, deyishgan. Uyda otamiz o’tirganda tomga chiqarmidik? U otasini ham, onasi Sanobar xolani ham xo’rladi. Oxiri uydan quvib qutilishdi sho’rliklar…

Bu gaplarga ishonmasamda vujudimga sovuq bir titroq kirdi. Titroq savollarga aylandi׃

Nahotki, ona O’zbekistonning peshonasiga shunday bir o’g’il bitgan bo’lsa? O’zbekistonning oxirati Abdug’ani ota va Sanobar ayalarning taqdiriga o’xshamasmikan?!

La’nat shaytonga, deb savollarni quvdim. Keyin bu gaplarni bot-bot surishtirdim. Hatto qamoqdagi ukasi Arslon ozodlikka chiqib Toshkentga kelganida Karimov qabul qilmagach, bu gaplarni oshkor qilganini aytishganda ham «dedi-dedi» deb o’yladim. Ammo, haqiqat o’lmaydi. Baribir o’zini ko’rsatadi. Karimovning eng yaqin qarindoshlari ham buni tasdiqlashdi. Ular ham unga ishonmas edilar. Yurtga achinishardi. Lekin keyinchalik prezidentning yaqini, deb ularga etibor kuchayib  ketdi. Ayniqsa Arslon mafiyani qo’lga oldi. Balki mafiya uni qo’lga olgandir?

5. BIRINCHI SESSIYA

1990 yilning 24 mart kuni O’zbekiston Oliy kengashi to’qqizinchi chaqiriq birinchi sessiyasi arafasida Vakillar kengashi bo’ldi. Sovet davrida har bir majlisdan oldin shunday to’planish o’tkazib hammani yana ogohlantirib qo’yishar ekan. Ammo bu safargisi oldingilaridan keskin farq qilardi.

Avvalo shuni aytish kerakki, saylangan deputatlarni uchga bo’lish mumkin edi.

Birinchisi, kommunstik partiya tayyorlagan ro’yxat bo’yicha saylanganlar. Ular kimligi, ma’lumoti, millati, yoshi, vazifasi,sadoqatiga alohida e’tibor berib tanlangan kishilar va ko’pchilikni tashkil etishardi.Ularning ba’zilarini muqobil saylov o’yinlari bilan saylashgandi.

Ikkinchisi, ijtimoiy qarashlari bilan maydonga chiqqanlar va kommunistik partiyaning ro’yxatidan saylanishga rozi bo’lganlar. Ular hech qanday muqobil nomzodlarsiz saylanishgan. Boshqacha aytganda qandaydir kelishuv asosida. Ular ozchilikni tashkil etishardi.

Uchinchi guruh esa, xalq tomonidan ko’rsatilib, kommunistik partiyaning nomzodlarini juda katta qarshiliklar, tahdidlar, hujumlarga qaramay engib chiqqan deputatlar. Ular ham ko’pchilik emas, ammo ular qolganlarni ergashtirib ketishlari mumkinligidan cho’chishardi..

Har holda Karimov ham o’zining ro’yxatidan tashqarida saylanganlarni shu yo’l bilan sinab ko’rmoqchi bo’lganmi, bizni ham Vakillar kengashiga da’vat qilishgandi. U muhokama qilinadigan masalalarni sanab bo’lgach, qo’limni ko’tardim. Karimov ismimni so’rab oldi-da, keyin so’z berdi.

-Hozircha kun tartibiga to’rtta masalani kiritishni so’rayman,-dedim.

Birinchisi, komissiyalar (avvaliga “komissiya” deyilgan bo’lsa, keyinchalik “qo’mita” deb o’zgartirildi-JM) tuzilar ekan, Oshokarlik komissiyasi ham tuzilishi kerak. Chunki, matbuot erkin bo’lmasa, so’z erkinligi ta’min etilmasa, biz hech narsaga erisha olmaymiz. Bu tsenzuraga, nazorat zehniyatiga qarshi turadigan qo’mita bo’lishi kerak. Xalqqa fikr mustaqilligini berishimiz kerak va undan keyin O’zbekiston tom ma’noda mustaqil bo’la oladi.

Ikkinchisi, biz Moskva bilan munosabatlarimizni o’ylab ko’rishimiz kerak. Boltiq bo’yi respublikalarining yo’li biz uchun ham kecharli bo’lishi va mustamlakadan qutilishimiz lozim.

Uchinchisi esa, “paxta ishi” deb qoralangan o’zbek xalqining nomini oqlashimiz kerak. Avval Rashidov masalasida biz o’z so’zimizni aytaylik.O’g’ri bo’lsa o’g’riligini, to’g’ri bo’lsa, to’g’riligini. Qachongacha Gdlyanlar aytadi so’zni?

Va nihoyat Parkent voqealari bo’yicha bu yerda gapirgan deputatni qo’llayman. Oliy majlisning maxsus komissiyasini tuzishimiz va qonli voqealarning aybdorlarini topishimiz kerak.

Karimov menga qarab turdi-da keyin gapira boshladi:

-Men Jahongirni yaxshi taniyman. Kattaqo’rg’ondagi gaplari esimda,- dedi.-Mening ham aytganlarim uning esida bo’lsa kerak. Bugun aytgan takliflari mening ham yuragimda yotibdi. Oshkoralik komissiyasi masalasida uni qo’llayman. Matbuotni boshqaradigan bitta komissiya tuzaylik.

Shu payt Erkin Vohidov qo’l ko’tardi va Karimov “nima deysiz” degandek bosh irg’aganidan keyin:

-Men ham bu taklifga qo’shilaman va shu komissiyada ishlashga tayyorman,-dedi.

-Mana Erkin aka Vohidov,- Karimov u kishiga ma’nodor jilmaygancha so’zida davom etdi,-men u kishini juda hurmat qilaman, bunday shoirlar yuz yilda bitta tug’iladi, yangi komissiyaga shu kishini rais qilib taklif etaman. Parkent masalasida ham Jahongirga qo’shilaman. O’ylab chiqaylik va bir komissiya tuzaylik. Umuman Farg’ona voqealariga baho beraylik.

Xursand edim. Takliflarim bu qadar tez amalga oshayotgani ko’nglimda iftixor uyg’otayotgandi. Karimov esa nomimni qayta-qayta takrorlab gapida davom etardi׃

-Rashidov masalasini menga qo’yib bering uka, uni kommunistik partiya qoraladi, bu ishni ularning o’ziga havola qilaylik. Mana men shu partiyaning rahbariman. Qo’ying o’zimiz bir ko’rib chiqaylik. “Paxta ishi” esa oddiy masala emas, tergovning, sudning ishiga aralashishimiz kerakmi, yo’qmi avval buni o’ylab ko’raylik? Ana, Moskvada har kuni shovqin-suron qilishmoqda. Lekin natija yo’q.

Endi boyagi quvonchim so’nib, ko’nglimda boshqa savollar uyg’ona boshladi. Buning ustiga Karimov Moskva bilan munosabatlar masalasida gapirmadi. O’shanda SSSR Xalq deputati bo’lgan Ahmadjon Muxtorov meni yoqlab gapirdi va kerak bo’lsa biz markazdan ajralishimiz, o’z prezidentimizni saylashimiz, o’z yo’limizni tanlashimiz kerak, dedi. Karimov bu gaplarga e’tibor bermagan bo’ldi. Ammo Vakillar majlisidan keyin Ahmadjon akani uning huzuriga chaqirishdi va u qaytib kelib, “Islom aka, xursand, prezidentlikni qabul qilmoqchi, bu esa mustaqillikning birinchi qadami, lekin SSSRning ichida qolamiz, ajralsak bizga pulni kim beradi, deyapti” dedi.

Ahmadjon aka favqulodda iste’dodli jurnalist. 1981 yilda Toshkentdan Samarqandga borganimda u viloyat “Lenin yo’li” gazetasining bosh muharriri edi. O’zbekiston radiosida “Tabarruk zamin” degan dasturni tayyorlab ancha og’izga tushib qolganimga qaramay, hatto qo’l berib ko’rishmagan, ko’zoynagining tepasidan qarab, “Uka, hozir ish yo’q, xabar olib turing” degandi.

Men undan ranjib Jomboy tumaniga ishga ketgandim. Ammo keyin Navoiy viloyati tashkil etildi va gazetaning ko’pgina xodimlari ketishdi. Bu paytda Jomboydan turkum maqolalar yozib ko’zga tashlanib qolgandim. Ahmadjon aka ikki-uch chaqirtirdi, bormadim. So’ng viloyat partiya komitetini ishga solib, meni gazetaga olib keldi. Avval Qishloq xo’jaligi va ko’p o’tmay gazetaning o’sha kezdagi eng asosiy bo’limi hisoblangan Partiya turmushi bo’limiga mudir etib tayinladi. O’zbekiston tarixida kommunist bo’lmasdan turib Partiya turmushi bo’limini boshqargan faqat men bo’lsam kerak. Ammo bir yildan keyin partiyaga olishdi.

Ahmadjon aka bilan juda yaqin bo’lib ketdik va hamma bizni “tog’a-jiyan” deb o’ylar va mening yozganlarim, aytganlarimning orqasida u kishi turibdi deb bilishardi. Hatto Karimov ham avvaliga shu fikrga ishonib qolgandi. Shu bois mendan ranjigan paytda u kishini chaqirib gapirardi.

Xullas, sessiya boshlanib Ahmadjon Muxtorov nutq so’zlab: “demokratik jarayonlarni yanada rivojlantirish, siyosiy o’zgarishlarni chuqurlashtirish, konstitutsiyaviy tuzumni, fuqarolarning huquqlarini, erkinliklari va xavfsizliklarini mustahkamlash, boshqaruv oliy organlarining o’zaro aloqasini takomillashtirish maqsadida prezidentlik boshqaruvi joriy etishni” taklif qildi. Sessiyada qatnashayotgan SSSR xalq deputatlari bu fikrni qo’llab gapirdilar. Lekin qarshilar ham bo’ldi. Masalan, Toshkent shahridan saylangan deputat Toyiba To’laganova O’zbekistonning bugungi sharoitida prezidentlik boshqaruvi yakkahokimlikka olib kelishini va demokratiya istab diktaturaga yo’liqishimizni, kommunistik partiya tarbiyasini olgan rahbarlardan chiqadigan prezident “tashi” boshqa bo’lgani bilan ichi ayni tarzda qolishini aytdi. U demokratiya o’rnatilishi uchun parlament boshqaruvi zaruratidan so’z etdi.

-Bunday fikr ayol kishidan chiqmaydi, ayollarning aqli kalta bo’ladi, taklifning ortida qandaydir kuchlar bor,- degan O’zbekiston Kompartiyasining birinchi kotibi, KPSS MK siyosiy Byurosining a’zosi Islom Karimov Toyiba To’laganovani ochiqchasiga kamsitdi.

Tanaffusda esa mahalliy muxbirlarga intervyu berar ekan “Ayollar tovuq miya bo’ladi” deyishgacha borib etdi.

Prezidentlik lavozimi haqidagi qarorni qabul qilish va Karimovni saylash boshlanganda qashqadaryolik deputat Shovruq Ro’zimurodov so’z so’radi. Lekin do’ppini salla qilib ko’rsatish darajasida ustamon bo’lgan majlis raisi Mirzaolim Ibrohimov:

-Uka, siz emas, yoningizdagi do’ppili odam gapirsin,- dedi.

Do’ppili odam esa so’z so’ramaganini aytishga xijolat chekar ekan, Shovruq o’rnidan turib gapira boshladi. Unga mikrofon kerak emas edi. Uning gurillagan tovushini majlislar zalining har joyidan ham eshitsa bo’lardi. Shovruq:

-Men bu odamni Qashqdaryodan bilaman. Bu odam prezidentlikka loyiq emas. Agar prezident bo’lsa hammangiz pushaymon bo’lib qolasiz hali…,- dedi.

Har holda u ko’proq gapirdi. Lekin hammaning quloqlarini ana shu kalimalar chatnatdi.Chunki Oliy majlis tarixida bunday so’zlar ilk bor aytilayotgan edi. Shu sababdan ham ko’pchilik sukunatga botdi, buni qo’rquv ham deyish qiyin. Balki qo’rquvni ham yutib yuboradigan hushsizlik kabi bir hol edi. Boshqacha aytganda deputatlar o’ziga xos isyonning qarshisida “ shok” bo’lgan edilar.

Shovruq qo’li bilan minbarga ishora qilib gapirar ekan, Karimov qizarib ketdi. Mikrofonnni jahl bilan oldiga tortdi. Lekin nimadir esiga tushgan kishidek, yana mikrofonni raisning oldiga surdi-da׃

-Bas qiling maynavozchilikni,-dedi. Rais darhol bas qildi. Muzokaralar to’xtatildi, mikrofonlarning yonida tizilib turganlarga so’z berilmadi. O’shanda bir narsaga pushaymon bo’ldim. Majlis ochilarkan, Toshkent shahar ijroiya qo’mitasining raisi bo’lgan keksa kishi raislik qildi va uning hamma narsani qog’ozdan hijjalab o’qib berishiga qarshi chiqdim. Buni boshqalar ham qo’lladi. Karimov ham raisning lattachaynarligini ta’kidlab, Mirzaolim Ibrohimov nomzodini ilgari surdi. U bir ovozdan saylandi. Darrov ma’lum bo’ldiki, Karimov imkoniyatdan foydalanib ilgaridan tayyorlab qo’yilgan nomzodini o’tkazib olgan va u “piri”ning quli ekan.

Mirzaolim Ibrohimovning majlisni olib borish uslubiga ham qarshi chiqish va Karimovning Toyiba To’laganova haqidagi gaplariga norozilik bildirish maqsadida mikrofon oldida turgandim. Prezidentlik lavozimiga qarshi chiqish haqida esa uzil kesil fikrga kelmagandim. Bir tomondan bu mustaqillikka olib boradigan yo’l deb o’ylasam, ikkinchi tomondan bizning sharqda bir kishining qo’liga hokimiyat tushib qolishi yana podsholikka sudramaydimi, degan fikrlar bilan olishardim. Qolaversa Karimov haqida hali salbiy fikrim ham paydo bo’lmagandi. Ammo Ibrohimov masalani ovozga qo’ydi va zalga qaramasdan ham “Bir ovozdan” deb yubordi. Shu zayl prezidentlik lavozimi tashkil qilindi va “bir ovozdan” Karimov “saylab” yuborildi. Vaholanki, qatorlar orasida mikrofonlar yonida turganlar ovoz berishga ulgurmadilar.

O’sha kuni tanaffusda Ahmadjon Muxtorov bilan gaplashib turganimizda Shovruq oldimizga keldi.

-Siz bilib qo’ying,- dedi u Ahmadjon akaga,- Bo odam rafiqini ham, raqibini ham kechirmaydi!

Ahmadjon akaning ko’zi yonib ketgandek, bo’ldi. Darhol daftariga bu so’zlarni yozib oldi. Keyin׃

-Ukajon Moskavda gdlyanchilar bilan kurashda yakkalanib qolayapmiz. Deputatlar partiyadan qo’rqishadi. Prezidentlik tashkil qilinsa partiyaning ta’siri kamayishi mumkin. Men hozir bu odamdan boshqa liderni ko’rmayapman, keyinchalik balki boshqa kadrlar chiqar,- dedi. Ahmadjon aka o’sha kezda Karimovga sidqidildan ishonardi.

Shovruq Karimovning Qashqadaryoda odamlarga zulm qilgani, O’zbekiston Kompartiyasining Moskvadan yuborilgan ikkinchi kotibi Anishchev bilan birgalikda ko’p odamni qamatib yuborgani, Gdlyan to’dasi bilan ham aloqasi borligini aytar ekan, Ahamadjon aka:

-Ukajon devorning ham qulog’i bo’ladi, bu gaplarni menga aytdingiz boshqaga aytmang, bunday gaplar uchun kechirmaydi bu badbaxtlar,- dedi.

-Xalq bu gaplarni aytish uchun meni majlisga yuborgan,- dedi Shovruq.

Xullas, birinchi sessiya  Karimovni tanish sari qo’yilgan ilk qadam bo’ldi va Toyiba hamda Shovruqni tanishimga yo’l ochdi.

Birinchi sessiya tanaffusida Oshkoralik komissiyasi tuzilar ekan, Erkin Vohidov meni chaqirib, Karimovning oldiga yetakladi.

– Bu ishni ukamiz bilan birga qilaylik, tashabbus qilgan odam jazolanishi kerak, ruxsatingizni olmoqchimiz,- dedi jilmayib.

-Bu yigitga…-Karimov o’ylanib qoldi. Keyin eringan ohangda.- Oshkoralik ekan, deb hammayoqni oshokara qilib yuborish ham yaxshilikka olib kelmasligini o’zingiz tushuntirib qo’yasiz,- dedi Erkin akaga. Keyin menga qarab׃

-Saylovdan oldin Moskva televideniesiga chiqib ana u gaplarni gapirish kerak edimi?-dedi.

Hayratlanib qoldim. Saylovdan oldin Moskva televideniesi Toshkent bilan teleko’prik o’tkazgan va quvg’inga uchrayotgan nomzodlardan ba’zilarini suhbatga tortgandi. O’shanda O’zbekiston qashshoqlar mamlakatiga aylanib qolgani, onalar va bolalar o’limi, paxtazor onalar qotili ekanligi, matbuot erkinmasligi kabi masalalarga to’xtalgan edim. Vaholanki, Karimovning o’zi ham bu muammolar mavjudligini Kattaqo’rg’ondagi uchrashuvda aytgan edi. Nega endi bu gaplarni o’zbekning olis qishlog’ida gapirish mumkinu Moskvadan turib gapirish mumkin emas? Karimovning samimiyatiga ishonchsizlik ilk bor ana shu paytda boshlandi desam xato bo’lmas. O’shanda u yana bir narsalar dedi, ammo qulog’imga kirmadi. Ko’z oldimda ilk bor ikki yuzli Karimovni ko’rib turgandim.

6.JURNALISTLAR UYUSHMASI: YUTQAZISH

SSSR xalq deputatligiga jamoat tashkilotlaridan ham nomzodlar ko’rsatish boshlanganda, O’zbekiston jurnalistlar uyushmasining raisi bo’lib ishlab turgan Ahmadjon Muxtorov ham da’vogar bo’ldi. Saylov kampaniyasi Toshkentda boshlanib, asosiy qismi Moskvada davom etdi. Ahmadjon akaning ishonchli vakillaridan biri edim. “Ukraina” mehmonxonasida bir oy yashab, nomzodimizni o’tkazish uchun kurashdik.

Saylov SSSR Jurnalistlar uyushmasini “qaynatib” yubordi. Hamma respublikalarning vakillari o’z nomzodlarini o’tkazishga intilardilar. Buning uchun sizlar bizga ovoz bering, biz sizga kabi “o’yin”lar ham boshlangandi. Ammo ko’p narsa nomzodning dasturi va uchrashuvlardagi nutqiga bog’liq edi. Ahmadjon aka talantli jurnalistgina bo’lib qolmay, ayni paytda yaxshi notiq va zamon muammolarini ilg’ab oladigan siyosatdon edi. Shu bois ham jurnalistlarning e’tiborini tez qozondi.

Moskvadagi hayot bilan Toshkentdagi vaziyatni solishtirib ko’rishga urinardim. Er bilan osmon qadar farq edi. O’zbek jurnalistlari garchi matbuotda dolzarb narsalarni yozayotgan bo’lsalarda, hali uyushib, siyosiy kuchga aylanmagandilar.

O’zbekiston Yozuvchular uyushmasi esa siyosat qaynab turgan qozon edi. Bu haqda Ahmadjon akaga gapirsam u saylovni o’tkazib olaylik, biz ham uyushmani oyoqqa qalqitamiz va katta kuchga aylantiramiz, degan ahdini va rejalarini aytardi.

O’zbekiston jurnalistlar uyushmasi tug’ilgandayoq o’lik tug’ilgandek edi. Chunki ilgari ham faqat “qog’oz”dagi tashkilot bo’lib kelgan.

…1979 yilda O’zbekiston radiosida ishlardim. Yoshlardan ikki kishini ham mazkur uyushmaning qurultoyiga vakil qilib saylash kerak ekan. Bizni-yozuvchi Primqul Qodirovning qizi Gulya (Gulya o’sha paytda radioning rus tilidagi bolalar uchun dasturlar bo’limida, men esa o’zbek tilidagi qishloq xo’jalik bo’limida ishlardik)ni saylashdi. Jurnalistlar uyushmasining raisi O’zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining birinchi kotibi Sharof Rashidov edi. Qurultoyda u nafaqat nutq so’zladi, balki anjumanning boshidan oxiriga qadar qimirlamay o’tirdi ham.

Saylov boshlandi va varaqalar tarqatildi. Gulyaga:

-Kimlarning nomini o’chiramiz,- dedim o’zbekchalab. U o’zbekchani tushunardi, ammo ruscha gaplashardi.

-O’chirishning foydasi yo’q, baribir aytishmaydi, yuz foyiz saylandi, deb aytishadi.

-Rashidovning nomini o’chirib ko’ramizmi?- dedim pichirlab. Gulyaning rangi oqardi. Bir zum o’ylab turdida kulib:

-Balki Rahmonovning nomini o’chirarmiz,-dedi.

Rasul Rahmonov O’zbekiston radio va televidenie qo’mitasi raisining radio bo’yicha o’rinbosari edi.

-Bizni bu yerga olib kelgan shu odam. Keyin bizdan shubha qilib qolishi aniq. Buning ustiga uning qo’mita raisi Ibrohimov bilan orasi yaxshi emas, rais uni ketkizmoqchi, degan gaplar bor,-dedim.

-Rashidovni o’chirsak, KGB bizni topib olishi mukin,-dedi Gulya.

-Qanday topadi? Ismimiz yozilmagan bo’lsa?

-Barmoq izlaridan topishi mumkin. Lekin sinab ko’rsak bo’ladi.

Xullas, ikkalamiz Jurnalistlar uyushmasining Markaziy kengashi a’zolari ro’yxatidan Rashidov nomini o’chirdik.

Sanoq komissiyasining raisi nomzdolarni nomma-nom sanab, “yuz foiz yoqlab, qarshi yo’q” deb aytar ekan, biz jinoyat qilgan odamlardek miq etmay o’tirardik. Ko’zim Rashidovda edi. U ham xuddi bizga qarab turgandek. edi. Navbat “R” harfiga kelganda yuragim gupillay boshladi. Xuddi butun zaldagilar yuragimning tovushini eshitib menga qarab turishgandek tuyuldi. Shu payt “Sharof Rashidov… ikkita qarshi ovoz” degan tovushdan seskanib ketdim. Boshimdan sovuq suv quyilgandek bo’ldi. Rashidov qizarib ketdi. Undan ko’zimni olib qochdim. Zalda jimjitlik hukmron. Shu damda osmon uzilib tushsaydiyu nafasim bo’g’ilib qolsaydi, degandek bir kayfiyatda edim. Ammo hech narsa bo’lmadi.

Shunga qaramasdan tizzalarimda qaltiroq. Gulya ham jim. Uning ham dunyosida nimalardir bo’layotgandi. Biz indamay uyga ketdik. Har kuni KGB xodimlari kirib kelishini kutdim. Keyin bilsam Gulya ham ayni hisni yashagan ekan. Ammo biror joyda bu haqda biror kishi gapirmadi ham, eslamadi ham.

Shu voqea katta qo’rquvni engishga zamin bo’lganini keyin angladim. Demak, odamlar qo’rquv zanjiri bilan o’rab tashlangan va hech qanday nazorat qilmasangiz ham ular o’zlarini o’zlari nazorat qilar ekanlar. Rejim ana shunday yo’q kuch ustiga qurilganini his qildim . Demak, agar odamlar istasalar ko’p narsa bo’lishi mumkin ekan.

Moskvada Ahmadjon Muxtorovning ishonchli vakili sifatida yurgan kunlarimda boshqalarda qo’rquv zanjiri yo’qolganini ko’rdim. Ammo O’zbekistonda hali bu qo’rquv yashayotgan va odamlarning aksariyati o’z-o’zini nazorat qilayotgandi. Ana shu masala tinchlik bermas va nima qilib bo’lsa ham bu yo’q zanjirni uzish kerak, deb o’ylardim.

Ahmadjon aka SSSR Xalq deputati bo’lganlaridan keyin u kishini Moskvaga Oliy kengashga doimiy ishga chaqirishdi. Shu munosabat bilan Toshkentdagi ishlarini topshirdilar.

-O’rningizga o’tib, bir o’zimni sinab ko’rmoqchiman,-dedim Ahmadjon akaga.

-Nima deyapsiz? Oliy Kengashdagi ishingiz bundan o’n marta yuqori-ku? Nima qilasiz bu o’lik tashkilotni? Hatto bitta mashinasi va alohida bir binosi yoki xazinasida bir miri puli ham yo’q-ku?,-dedilar.

-Lekin bir urinmoqchiman,-dedim.

-Markaziy qo’mita allaqachon o’z nomzodini tasdiqdan o’tkazib qo’ygan-da.

-Kim ekan?- deb qiziqdim .

-Lutfillo Kabirov, ilgari rus tilida u-bu narsa yozib yurardi. Markaziy qo’mitada instruktor ekan. O’zbek tilini ham yaxshi bilmaydi. Tashkilot bugungisidan ham battar bo’ladi, endi.

-Siz qarshilik qilmadingizmi?

Ahmadjon aka bir zum o’ylanib turdi-da chuqur uf tortib, gapira boshladi׃

-Islom aka mendan xavfa. Hatto tabriklamadi ham, “Deputat bo’lish niyatingiz bor ekan, o’zimizga aytsangiz ham bir joydan saylatardik”, dedi. Endi Moskvada bir guruh tuzib o’zbekistonlik deputatlarni boshqarish rejasi bor ekan. Gdlyan haqidagi chiqishlarim ham u kishiga yoqmagan. Maslahat qilib, keyin gapiring, deyapti…

Oshkoralik qo’mitasida O’zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisligiga muqobil nomzod yo’li bilan saylov o’tkazish masalasini ko’tardim va o’z nomzodimni ham ko’rsatishim mumkinligini aytdim. Jurnalistlar tashkiloti raisligi hozir egallab turgan lavozimimdan past bo’lgani uchun ham ko’pchilik ajablanmas edi. Aks holda mansab uchun o’zini urmoqda, deyishlari ham mumkin edi.

Lekin bu voqea kommunistik idora bilan Oliy kengash orasidagi ilk va hal qiluvchi to’qnashuv bo’ldi. Chunki majlis qilgan kunimizning o’ziyoq Markaziy Qo’mitaning ideologiya bo’yicha kotibi Jahongir Hamidov (asli biolog bo’lgan va qo’lidan hech ish kelmaydigan bu odamni ideologiya bo’yicha kotib qilib qo’yishgandi. Keyin eshitishimizcha u Karimovga kamgapligi bilan yoqib qolgan va “do’sti”ga aylangan ekan)  telefon qildi va׃

-Nima gap?-yumshoq ohangda.

-Kecha majlisga kelmadingiz?- deya men ham yumshoq ohangda savol bilan javom qildim. U Oshkoralik qo’mitasining a’zosi va keyingi paytlarda majlislarga kelmas edi.

-Sizlar shunday majlis qilayapmiz, deya maslahat qildingizlarmiki, men boray?-deya u yana savol bilan davom etdi. Bo’sh kelmaslikka urindim׃

-Nega maslahat qilishimiz kerak? Majlis chaqirish Oshkoralik qo’mitasi raisi va o’rinbosarining vakolatiga kiradiku?

-Lekin majlisda muhokama qiladigan masalani bizning bo’lim bilan kelishib oldinglarmi?

-Kechirasiz-u, siz Oliy kengashni Markaziy Qo’mitaga bog’lab qo’ymoqchimiz? Xalq vakillariga bu haqorat emasmi? Hamma yoqda demokratiya haqida gurillab gap bo’lib tursayu siz shunday desangiz uyat bo’lmaydimi?-dedim o’zimni bosolmay.

-Sizni chaqirtirgandim, kelmabsiz, mana endi o’zim telefon qilayapman, Islom aka shaxsan gaplashib qo’y deganlari uchun, Jurnalistlar uyushmasida nima qilmoqchisiz?

Bu gap asabga tegdimi yoki yoshlik g’ururi qo’zg’ab ketdimi sharta-shurta javob qilib yubordim׃

-Birinchidan, kotibingizga “Hamidov janoblariga aytib qo’ying, avval o’zlari majlisga kelishni o’ragnsinlar, keyin biz ham boramiz”, degandim. Ikkinchidan, deputatlik burchingizni bajarib kecha majlisga kelganingizda nima qilmoqchi bo’lganimizni bilib olardingiz!

-Oh-hu! Rostdan ham siz bilan gaplashib bo’lmas ekan-ku,- deb suhbatni yakunladi Hamidov.

Javoblarimga hayron bo’lib qarab turgan Erkin Vohidov kattalar bilan bunday muomila qilib bo’lmasligini aytib, ancha maslahat berdi.

Shu payt qisqa raqamli, hukumat telefoni yana jiringladi. Bu Islom Karimov edi.

-Men chaqirtirsam kelmabsiz,-dedi u.

-Siz chaqirganingiz haqida hech kim, hech narsa degan emas, bo’lmasa borgan bo’lardim,- deya yumshoq javob qildim Erkin akaning nasihatiga amal qilib.

-Agar Markaziy Komitetning qorovuli chaqirsa ham demak men chaqirganim bo’ladi,- Islom Karimov tovushini balandlatib gapira boshladi.-Siz o’zingizni kim deb o’ylayapsiz uka? Bu deputatlik vaqtinchalik narsa, deb takror va takror aytayapman. Yaqinda hammasi joyiga qaytadi. Moskvadagi gaplarga qarab xulosa qilmang. Kommunistik partiya doim hukmron bo’lib kelgan va bundan keyin ham hukmron bo’lib qoladi. Unga dishmanlik qilayotganlar bilan hali gaplashib qo’yamiz. Siz esa aqlli yigitsiz. Ularga qo’shilmang, boshqalarning gapiga kirmang. Ahmadjon Muxtorovga o’xshaganlar o’zlari panada turib sizlarni ishga solish bilan ovora. O’zboshimchalar bugun deputat bo’lgani bilan ertaga yana o’z joyiga qaytarib qo’yamiz.

-Islom aka,- deya uning gaplariga javob qilmoqchi edim, ammo uni to’xtatish qiyin edi.

-Jurnalistlar uyushmasi raisligiga bizning o’z nomzodimiz bor. Eshak bo’lsa ham bizning nomzodimiz bo’lgani uchun u o’tadi. Sizga vazifa kerak bo’lsa, mana menga ayting, qaysi vazirlikni istaysiz, gapimga quloq solib tursangiz Oliy Kengash raisligiga qadar ham olib boraman.

-Ammo bugun men egallab turgan vazifadan juda ham quyida bo’lgan tashkilotni bermayapsizu…

-Gap tashkilotning katta-kichikligida emas, gap prinsipda. Biz aytdikmi, o’sha odam bo’ladi, uka,-dedi Karimov.

Bu masala endi yana ham jiddiy ahamiyat kasb etdi. Jurnalistlar uyushmasi raisligiga nomzodimni tashviq qilishga kirishib ketdim. Uchrashuvlar, majlislar o’takaza boshladik. Ikki uch marta Ahmadjon aka kelib yo’ldan qaytarishga urindi, lekin davom etaverdik.

Qurultoy kuni o’rtaga uchinchi nomzod ham chiqdi. Bu “Birlik”ning nomzodi, jurnalist Anvar Usmonov edi. Dasturlar, rejalar bayon etildi. Men jurnalistlar uyushmasini siyosiy tashkilotga, haqiqatdan jurnalistlarning huquqlarini himoya qiladigan, ularni birlashtiradigan, so’z erkinligini ta’minlaydigan, tsenzuraga qarshi turadigan tashkilotga aylantirish haqida gapirdim. Lutfilla Kabirov va Anvar Usmonov o’z dasturlarini rus tilida bayon etdilar.

Qurultoy O’zbekistonning katta voqeasiga aylandi. O’zbeksiton Kompartiyasi Markaziy komiteti byurosining a’zolari kelishdi. Taklif qilinmagan holda Oliy kengashdan bir qancha rasmiylar ham shu erda edi. Hatto jurnalistikaga hech qanday aloqasi bo’lmagan Kengash kotibi Omon Olimjonov, O’zbekiston Komsomol komitetining birinchi kotibi Aziz Nosirov ham shu erda faol edi. Muxolifat harakatlari va partiyalaridan ham vakillar kelgan va Matbuot uyining majlislar zali haqiqiy siyosiy kurash maydoniga aylangandi.

Bu yerda eskilik bilan yangilikning, zulm bilan demokratiyaning, yakkahokimlik bilan erkinlikning kurashi boshlangandi. Xursand bo’ldim. Demak, harakatlarimiz zoe ketmayapti, deb o’yladim. Qurultoyda aytilgan gaplar ham bunday minbarlardan ilk bor aytilayotgan, tortishuvlar ham misli ko’rilmagan edi.

Negadir Ahmadjon aka juda xomush. Uning yoniga borsam׃

-Hali ham kech emas, o’jarlikni tashlab, nomzodingizni oling,- dedi.

-Nima uchun? –deb so’rasam, qo’l siltab ketib qoldi.

Ovoz berish davomida Kattaqo’rg’ondagi “Zarafshon” gazetasining bosh  muharriri Asqar Jalilov yonimga keldi. Asqar aka bilan Samarqandda viloyat gazetasida birga ishlagan edik. O’shanda Ahmadjon Muxtorov muharririmiz edi.

-Ahmadjon akani tanimay qoldim, u kishiga tushuna olmay qoldim, hammaning yoniga borib, Jahongirga ovoz bermanglar, deb tashviq qilmoqdalar. U o’jar, mening gapimga kirmadi, o’ziga yomonlik qilmoqda. Unga do’stlik qilaman, desangizlar unga qarshi ovoz beringlar, deb yuribdilar,-dedi u.

Yana Ahmadjon akaning yoniga bordim.

-Bilasizmi, bu prinsiplar jangi, agar shu erda yutqazsak, tamom, hech qachon yuta olmaymiz. Ko’rayapsiz, demokratiya hamma respublikalarga kelganda ham bizda yo’q. Biz odamlardagi qo’rquvni sindirishimiz kerak. Agar bugun yutqazsak, mana baribir hech narsa qilib bo’lmaydi, degan fikrlar yanada qat’iylashadi,- dedim.

-Baribir hech narsa qilib bo’lmaydi,-dedi Ahmadjon aka.

-Lekin sizning deputat bo’lganingiz va mening ham deputat bo’lganim aniq masala. Yo’limizni to’sa olmadilar. Bizga o’xshab 20-30 kishi ularning devorini buzib o’tdi. Demak, mumkin ekan.

-Gap ana shunda, 20-30 kishimiz. Ular esa bir necha yuz kishi. Muxolifatmiz, deb yurganlarning ko’pi esa shu yo’l bilan mansab olish niyatida. Mana qurultoyda aytganlaringizni eshitib turishdi. Ammo o’zlarining nomzodini ilgari surishdi. Agar gap maqsadda bo’lsa, nega sizni qo’llashmadi? Bundan keyin ham qo’llashmaydi? Yolg’izlanib qolasiz?-dedi Ahmadjon aka achingan qiyofada.

-Ulardan qo’llashlarini so’raganim ham yo’q. Bu oddiy hol. Nomzod qancha ko’p bo’lsa, shuncha yaxshi. Bu-demokratiya.

Qozonni qaynatmoqchi edim, menimcha ulgurdim shunga.

-Agar demokratiya bo’lsa, nega men bilan gaplashib turibsiz. Men ham demokratiyaga rioa qilib, o’zim istagan nomzodni tashviq qilib yuribman. Siz esa qarshilk qilayapmiz? Qozonga kelsak, gap uning qaynashida emas, gap pishadigan ovqatda. Bular allaqachon bir xalta tuzni tashlab bo’lishdi. Endi bu oshni hech kimga edira olmaysiz,- dedida “Qalay mot qildimmi?” degandek, elkamga urib qo’ydi.

Ahmadjon akadan juda qattiq xafa bo’ldim.

-Bu demokratiya emas, bu demokratiya g’oyalarini sotish, degim keldiyu u kishini juda hurmat qilganim uchun ayta olmadim.

Sanoq komissiyasi ichida jurnalistlar Ismat Xushev va Dadaxon Yoqubov ham bor edi. Bir payt Dadaxon mening yonimga kelib,

-Ismatga ovozlar sonini o’zgartirish yuklangan. Menga ham, lekin men buni qilmadim. Ana u Ahmadjon tog’angiz bilan Ismat bir nimalarni rejalayaptilar,-dedi.

-Bu gapingizni qurultoyga ham ayting,-dedim.

Dadaxon:

-Nima qipti, meni qo’rqoq deb o’ylayapsizmi, qurultoyga ham aytaman, kerak bo’lsa Islom akaning o’ziga ham aytaman,-dedi,-Ismat nimadir qilib Siz va Lutfillaga 75 tadan, Anvar Usmonovga 22 ta ovoz chiqardi. Keyin Islom akaga telefon qilishdi. U kishiga haqiqatni mana men aytaman. Ammo Ahmadjon aka ichkariga kirib, men Jahongirga ovoz bergandim, qaytib oldim va Lutfillaga ovoz bermoqchiman, shuni o’zgartirib qo’yinglar, dedi.

Shu payt Ahamadjon aka minbarga chiqib gapira boshladi. Meni anchadan beri bilishini va o’jarligimni ham aytib, menga ovoz bermaganini e’lon qildi.

Sanoq komissiyasi ham Ahmadjon aka aytgandek qilib, natijani o’zgartirib aytdi. Lekin Dadaxon so’zida turdi va qurultoyga murojaat qilib, orqada bo’lgan o’yinni ayta boshladi. Sanoq komissiyasining natijasiga isyon qilgan delegatlar zalni tashlab chiqib keta boshladilar. Dadaxonning aytganlarini kimdir eshitdi, kimdir eshitmadi. Ammo uning “Natijalar buzildi” degan gapi quloqlar ostida qoldi.

Sanoq komissiyasining natijasi qurultoy tomonidan tasdiqlash uchun ovozga qo’yilmay, qurultoy yakunlanmay qoldi. Chunki hamma yoq g’ala g’ovur bo’lib ketgandi. Ertasiga gazetalarda Lutfillo Kabirov muqobil saylovda O’zbekiston jurnalistlar uyushmasining raisi etib saylandi,  u 76 ta, Jahongir Mamatov 75 ta, Anvar Usmonov 22 ta ovoz oldilar, degan xabar chiqdi.

Meni hayratga solgan esa, Ahmadjon Muxtorovning harakatlari bo’ldi? Nega u bunday yo’l tutdi? Nega o’z iste’dodi va qobiliyatiga qarshi ish tutdi? Nega meni shogirdim, deb yurgan holda oyoqlar ostiga olib toptadi? Bu kabi savollarga javob topa olmas edim.

Oradan ko’p o’tmay, bir kun Ahmadjon aka saharlab uyga keldi. Undan xafa bo’lganim uchun ichkariga taklif qilish yoki qilmaslikni ham bilmay qoldim.

-Bugun Moskvaga qaytayapman. Siz xafa bo’lmang, saylovda yutqizgan bo’lsangiz hayotingizni qutqazib qoldingiz. Islom aka meni ham, sizni ham o’ldirtirib yuborishini aytgandi. Shu bois shunday yo’l tutdim,- dedi.

-Uning shu gapiga ishondingizmi?- dedim.

-Siz ishonmasligingiz mumkin. Ammo men ishonaman. Ularning qo’lidan hamma ish keladi. Ular kechirishmaydi. Kechirish nimaligini bilishmaydi. Siz esa ularga qarshi isyon qildingiz. Ular o’z prinsiplarini qutqazib qolish uchun hamma yo’lga bosh uradilar…

-Biz yutganimizda ularning “printsip”larini sindirgan bo’lardik. Hamma narsa birinchi odimga bog’liq. Birinchisida yutdingizmi, demak yo’l ochiladi.

-Mayli ukajon, men sizni o’g’limdek yaxshi kuraman, ko’nglimdagini aytdim, qo’ydim, ammo u kecha ham telefon qildi. Meni qattiq haqorat qildi, yana, sizni o’ldirtirib yuborishini aytdi. Undan ehtiyot bo’ling, uni yaxshi taniyman. U mafiyadan chiqqan, butun mafiya uning orqasida.

Ahmadjon akaning ko’zida yosh halqalandi… Hech narsa deyaolmadim. Baribir o’z fikrimda edim. Agar u kishi mahkam turganda Islom Karimovning malaylari hech narsa qila olmas edi. Ana shu birinchi yutqazish keyingi odimlar davomida bizga qimmatga tushishini his qilardim, ammo bu qay yo’sinda bo’lishini tassavvur qila olmasdim. Lekin Ahmadjon akaning ketayotib aytgan yana bir gapi quvvat berdi.

-Men uning haqoratlarini javobsiz qoldirmayman… Agar sizga biror narsa qilgudek bo’lsa, hayotining eng katta xatosini qilgan bo’ladi. Uning ajali  men bo’laman!

Demak, bu odamning ham qalbida isyon bor.U kishiga nisbatan xayolimdan o’tgan salbiy fikrlar birdan g’uv etib uchib ketdi va kuzatib qo’yish uchun chiqdim. Ketayotganlarida:

-Baribir yutishimiz kerak edi,-dedim.

-Men ham shu fikrga keldim, ammo kech…-dedilar.

O’zbekiston jurnalistlar uyushmasining  qurultoyidan esda qolgan yana bir voqea shuki, majlisga Bosh vazir o’rinbosari, shoir Erkin Samandarov raislik qilgandi  va ochiqdan-ochiq meni saylamasliklarini talab etgandi. O’shanda xorazmlik yosh bir jurnalist o’rnidan turib:

-Yoshulli, katta ishga o’tib vijdoningizni sotib yuboribsizku!- degandi.

Shu narsaga aminmanki, bu gapni Erkin Samandarov hech qachon unuta olmagan bo’lsa kerak, ayniqsa Karimovning topshirig’i bilan yuqoridagi kabi juda ko’p “hunar”larni ko’rsatib,  keyin ishdan  quvib yuborilgach,  ayniqsa, bu so’zlar bot-bot quloqlari ostida jarangalagan bo’lsa ajab emas?!

7.IKKINCHI SESSIYA: MUSTAQILLIK DEKLARATSIYASI

Mustaqillik g’oyasi hamma joyda to’lqinlangan va bu to’lqin birin-ketin sohillardagi qoyalarni yiqitayotgandi. Ba’zi jumhuriyatlarda bu to’lqin qarshisiga tanklar, turli silohlar olib chiqilsa-da, to’xtatishning imkoni bo’lmayotgandi. Chunki bu to’lqinning orqasida engib bo’lmas kuch – xalq bor edi. Bu to’lqin estirayotgan shamol har bir eshikdan ichkariga kirayotgan va insonlarning qalblari, shuurlarini qitiqlayotgan edi.

Ammo biz eng orqada bo’lmasakda, eng orqadagi o’rinlardan birida edik. Anashu orqadalik demokrat deputatlarga tinchlik bermas edi. Mustaqillik har birimizning ko’nglimizdagi eng ulkan orzu edi.

1990 yilning 18 iyunida boshlanadigan O’zbekiston Oliy Kengashi 12 chaqiriq ikkinchi sessiyasi oldidan kun tartibini muhokama qilish uchun rayosat majlisi chaqirildi. Oliy kengash raisi, o’rinbosarlari va qo’mitalarning raislari rayosat a’zosi bo’lganlari uchun majlisda hal qiluvchi ovozga egadirlar. Ammo biz ham qatnashsak, bizni chiqarib yuborish huquqlari yo’q edi. Shu bois bu majlisga kirdik va mustaqillik  masalasini ko’tardik.

-Bugun bo’lajak sessiyaning kun tartibini muhokama qilayapsizlar, – dedim rayosatda so’z olib. – Bilaman, rayosatimiz “yuqori” bilan maslahatlashmasdan qaror chiqara olmaydi. Lekin bu masala maslahatni kutmasligi uchun ham uni kun tartibiga kiritishlaringizni so’raymiz. Yoki bugun rayosat bir hay’at tuzsin va sessiya ish boshlagunga qadar loyihalarni ko’rib chiqib, muhokamaga hozirlasin.

-To’g’ri,-deya qo’lladi Madaniyat qo’mitasi raisining o’rinbosari Alijon Qo’chqorov. -Mana men uzoq yillar partiya markazqo’mida ishladim, lekin bugun mustaqillik deya to’lg’anayotgan yigitlarga qo’shilaman. Bu bir yoki ikki kishining tashabbusi emas. Bu butun xalqning dardi. Shu sababdan unga qo’shilmasdan va uni qo’llab-quvvatlamasdan ilojimiz yo’q.

Uning yonida Baxtiyor Qodirov degan deputat o’tirgandi, u ham qo’shildi. Keyin men kabi rayosat a’zosi bo’lmasada majlisga kirgan boshqa deputatlar ham dastaklashdi bu fikrni.

Rais Mirzaolim Ibrohimov hech narsaga “yo’q” demas edi. “Xo’p” derdi, kulardi, lekin va’da amalga oshmay qolaverardi.

Kutilmaganda Erkin Vohidov so’z oldi׃

-Menimcha bu o’ylab ko’rilishi kerak bo’lgan masala. Hozir birdan kun tartibiga qo’shsak sessiyada shoshib qolamiz, tayyor bo’lmagan narsani qanday qilib muhokamaga olib chiqish mumkin? Oldin xalqdan so’rab ko’raylik. Qani nima deydi? Shu bois men bu masala bilan shug’ullanadigan bir  hay’at tuzishni taklif qilaman. Ungacha Oqsoqolning  fikrlarini ham bilamiz.

Erkin aka va hamqurlari Islom Karimovni “Oqsoqol”  deyishardi.

-Hurmatli Islom akaga o’zim tushuntiraman. Erkin akaning takliflari esa juda to’g’ri, men o’zim Islom akadan izn olib bu masalani sessiyada muhokamaga qo’yaman.- dedi Mirzaolim Ibrohimov “Oqsoqol”ning o’rniga “Islom aka”ni ishlatib.

-Lekin tavsiya qilinadigan kun tartibi qo’lingizda, hoziroq unga kiritib, qabul qilish mumkin, – deya luqma tashladim.

-Tushunaman, yoshlarning qoni qaynab turadi. Ammo bu masala juda ham jiddiy, uni ikki og’iz gap bilan hal qilib yuborib bo’lmaydi, qolaversa taklifingiz rad qilinmadi, qabul qilindi deb hisoblayvering, uka, – yumshoq ohangda e’tiroz bildirdi rais.

-Bu yerda Mustaqillik Deklaratsiyasi matnini tayyorlaydigan guruh tuzish taklif qilindi, hech bo’lmasa buni amalga oshiraylik, ish davom etib tursin, – dedi Alijon Qo’chqorov.

-Bizga imkon bering, agar yo’lini topsak guruh-puruhsiz ham bu masalani hal qilamiz…,-javob qildi rais  biroz zarda bilan.

Shundan keyin sessiya oldidan “Mustaqillik Deklaratsiyasi” degan nom bilan ikkita o’zbekcha matn paydo bo’ldi. Birinchisi, “ERK” partiyasi tayyorlagan va ikkinchisi “Birlik” xalq harakati.

Birinchisi ancha mukammalroq bo’lib, bir sahifadan ko’proq edi. Ikkinchisi, esa yarim sahifa bo’lib, umumiy ruhdagi chaqiriq kabi yozilgandi. Oliy Kengashda ishlaydigan xodimlar “Bular shunchaki oddiy qog’ozlar” deb qo’l siltashardi.

Biz Oliy Kengash idorasida ishlaydigan  demokratik ruhdagi deputatlar esa  har ikkalasidan ham foydalangan holda yanada aniqroq va mukammalroq loyiha tayyorlashni o’ylardik. Ya’ni unga qonuniy tus berish kerakligi haqida bosh qotirar edik. Lekin ba’zi qo’mita raislari va hay’atdagilar bunga  qarshi edilar. Moskvadan ajralish kerak, degan gapni emas, SSSR tarkibida qolib, Ittifoq Shartnomasini imzolab, kenroq vakolatlar olish kerakligini afzal ko’rishardi.

Chunki o’sha kunlarda Moskvadan shunday bir taklif yuborilgan va qanday vakolatlar istalishi o’rganilayotgan edi. Qo’mita raislari quruq gapdan ko’ra,  amaliy odim tarafdorimiz, Moskvadan ko’proq erkinlik olsak bu foyda degan fikrlarini bizga ham singdirishga urinishardi. Karimov ham ko’proq erkinlik bilan Ittifoq tarkibida qolish kerakligini va ayniqsa o’zi iqtisodchi bo’lgani uchun ham buning afzalligini tushunishini bot-bot takrorlardi. Uning faqat bitta  o’yi borligi yaqqol sezilib turardi: bu o’y nima bo’lsa ham Moskva menga tegmasin, qolgani dunyoni suv bossa ham to’pig’imga chiqmaydi qabilida edi.

Sessiya boshlanishidan bir kun oldin ko’nglimga bir fikr keldi. Nega sessiya kotibiyati a’zolari oldindan  tayinlanib qo’yiladi va sessiyada nomlari o’qib beriladiyu  “tasdiqlandi” deb o’tib ketilaveradi? Vaholanki butun sessiyaning taqdiri ana shu kotibiyatning qo’lida. Agar kotibiyat mustaqil bo’lsa, majlislar erkin o’tadi, kun tartibiga istalgan narsani qo’shish mumkin?

Oliy kengashdagi do’stlarimga:

-Majlis ochilishi bilan kotibiyat e’lon qilinar ekan, har birimiz bittadan nomzod ko’rsataylik. Ular o’n besh nomzod ko’rsatishsa, biz o’n olti kishini ko’rsataylik. Majburan ovozga qo’yadi. O’tgandan keyin bizning odamlar kotibiyat majlisida rais nomzodini o’zimizdan ko’rsatsin. Chunki majlisning taqdiri kotibiyat raisining qo’lida. Butun ro’yxatlar, qarorlar uning qo’lida bo’ladi. U esa birortasini ham raisga bermaydi, senariyasiz sessiya o’tkazamiz deb e’lon qiladi. Deputatlarning talablari sifatida Mustaqillik Deklaratsiyasi muhokamasini ham kun tartibiga kiritishni so’raydi…,- dedim. Ularga ma’qul bo’ldi bu fikr.

Sessiya kuni Karimov chet ellik mehmoni bilan vodiyga ketgandi. Bu ham ishni qulaylashtirdi. Kotibiyat a’zolari tasdig’i boshlanganda  “Menda taklif bor” deya o’rnimdan turdim va  kotibiyat a’zolarini yangidan saylash kerak degan taklifni aytdim. Mirzaolim Ibrohimov:

-Ukam, hech jim o’tirmadingiz. Kotibiyatga u a’zo bo’ldi nima, bu a’zo bo’ldi nima? Shu kotibiyat o’zgargani bilan bir narsaga erishasizmi?- dediyu qo’shimcha qildi: -Menda ham taklif bor, Jahongir Mamatovning o’zi komandasi bilan sekretariatni egallasin, ko’ramiz qani nima bo’larkin? Qani ro’yxatingizni o’qing!-dedi.

Men shoshib qoldim, chunki qo’limda ro’yxat yo’q edi. Ammo bunday imkoniyatni boy bermaslik uchun cho’ntagimdan yon daftarchamni chiqardim-da, go’yo unga ismlar yozilgandek, aslida esa xayoldan, yangi nomzodlar ro’yxatini o’qiy boshladim. Oliy kengashda birgalikda faoliyat ko’rsatayotgan do’stlarimning ismlari bor edi bu “ro’yxatda”.

Boshqalarga taklif kiritish uchun hojat ham qolmadi. Bir zumda men taklif qilgan “ro’yxat” tasdiqlandi va biz orqadagi xonaga o’tib, kotibiyat majlisini qildik. Aslida o’zim “ro’yxat”da yo’q edim. Chunki o’z nomimni o’zim taklif qila olmas edim. Ammo Mirzaolim Ibrohimovning taklifi o’laroq ismim ro’yxatga kirdi va kotibiyatning ilk majlisida  rais etib saylandim.

Karimov bo’lganda bunga yo’l bermasdi. Mirzaolim Ibrohimov esa hayotining eng katta “xato”sini qilib qo’yganidan bexabar edi.

Bir payt Karimov kirib keldi. U minbarda kotibiyat uchun ajratilgan joyda o’tirganlarni ko’rib hayronomuz termuldi-da, “salom” degandek mening elkamga urib qo’ydi va raisning yoniga borib utirdi.

Raisdan so’z so’radim.

-So’z kotibiyat raisiga, – dedi Mirzaolim Ibrohimov.

O’rtadagi minbarga chiqdim-da:

-Rayosat taklif qilgan kun tartibi aniq. Lekin istagan odam kun tartibi bo’yicha taklif kiritishi mumkin. Kotibiyatga kelgan takliflaringizni albatta oshkor etamiz va ovozga qo’yamiz. Mana bu so’zga chiquvchilar  ro’xati esa oldindan tayyorlab qo’yilgan ekan, uni yirtamiz.

Shunday deb, qo’limdagi qog’ozlarni ikkiga bo’lib, yirtdim.

–So’zga chiquvchilar ham kotibiyatga taklif bersinlar, biz ro’yxatni takliflarning kelgan soati, daqiqasiga qarab tuzamiz, – dedim.

Majlisda jonlanish yuz berdi. Uyqusirab o’tiradigan to’ralarning ham paytavasiga qurt tushdi.

-Men qaysi qog’ozga qarab ish yuritaman, – deya kinoya qildi Mirzaolim Ibrohimov. U Karimovning kelib qolganidan vahimaga tushgandi.

-Kun tartibiga qarab raislik qilaverasiz, – deb  minbardan tushib, o’rnimga kelib o’tirdim. Karimov esa o’rnidan turdi-da qo’l siltab chiqib ketdi. Uning nimaga kelib, nimaga ketganini hech kim tushunmadi.

Mirzaolim Ibrohimov nima qilishini bilmay qoldi. Oldidagi qog’ozlarning aksariyati  bekorga chiqib qolgandi. Kotibiyat a’zolari majlisga yuzma-yuz qo’yilgan joyda o’tirib takliflarni yig’a boshladilar va men muhokamaga qo’yiladagan masalalarning nomlarini  e’lon qilib, so’zga chiquvchilar nomini  Mirzaolim Ibrohimovga etkazib  turdim.

Zalda Mustaqillik Deklaratsiyasini kun tartibiga kiritish uchun harakat ham boshlatildi. Avvaliga deputatlar loyihalarni to’ppa-to’g’ri Ibrohimovga beribdilar. U  esa olib, stolning ustida teskari qilib qo’yganicha qaramabdi ham. Shundan keyin qaytadan kotibiyatga keldi. Unda “Mustaqillik Deklaratsiyasi kun tartibiga kiritilishi uchun ovozga qo’yishingizni so’raymiz” deyilgan va 167 deputatning imzosi ilova qilingan edi.

Shu o’rinda kotibiyatga kelgan va arxivimda saqlanib qolgan maktublarning ba’zilarini misol sifatida keltirmoqchiman:

“Sekretariat raisi Jahongir Mamatovga. So’zga chiqish imkoniyatingizdan foydalanib qo’yidagilarni deputatlarga-sessiyaga  etkazishingizni iltimos qilaman:

1.Oliy Kengash raisi takliflarni nega tanlab-tanlab ovozga qo’yadi?

Biz ko’pchilik deputatlarga qo’l qo’ydirib, “Mustaqillik Deklaratsiyasi”ni ovozga qo’ydirishni so’ragandik. Buni e’tiborsiz qoldirish huquqini M.Ibrohimovga kim bergan?

2.Shular asosida va ikki marta norozilik bildirganim ham inobatsiz qolgani  sabab endi raisga ishonchsizlik bildiraman.

Hamza Eshnazaraov, 385-saylov okrugi”.

“Men Marjonbuloq oltin konida ishlayman.Tezroq Mustaqillik Deklaratsiyasini qabul qilaylik. Kech bo’layapti, kech…

Abiyor Barotov, 386- Qo’ytosh okrugi”.

“Hurmatli Islom Abdug’aniyevich!

Biz 167 xalq deputati “Mustaqillik Deklaratsiya”sini muhokama qilishni talab etdik. Lekin raislik qiluvchi ovozga qo’ymayapti. Bir deputat talabi ham ovozga qo’yilishi lozim. Konstitutsiyani himoya qilishni sizdan so’rab, ushbu masalani bugun kun tartibiga kiritib, sessiya oxirida qabul qilish kerak….

Sizga ishonch bilan

Karim Bahriev, 327-Qo’yqishloq saylov okrugi”.

Karimov majlis zaliga Bosh vazir Shukrullo Mirsaidovga ba’zi gaplarni aytib qo’yish uchun kelgan ekan. Chunki vodiydan qaytib endi Markaziy Osiyo liderlari yig’ilishida qatnashish uchun Almatiga borishi ham kerak ekan.

U orqadagi xonada Mirsaidovni kutib, ichkariga u yerga ulab qo’yilgan radiodan majlisdagi tortishuvlarni eshitib qolib, raisga tanbeh berib qo’yish uchun sessiya bo’layotgan joyga chiqqan ekan. Karimov Ibrohimovni “chimchilab”  qo’ygandan keyin orqa xonaga o’tib,  Mirsaidov bilan gaplashib turganda  men kirib bordim. Qo’limda bir dasta maktub va Mustaqillik Deklaratsiyasining matnlari bor edi.

-Nima gap, yana buzg’unchilik-ku?- dedi Karimov.- Qog’ozlarni yirtgan bilan  ish tamom deb o’ylaysizmi? Oldingisi dars bo’lmaganga o’xshaydi.

U Jurnalistlar uyushmasida yutqazganimizga sha’ma qilayotgandi.

-Millatvakillarining ko’pchiligi Mustaqillik Deklaratsiyasini qabul qabul qilishimizni so’rashayapti, -deya gap boshladim men.

Ammo Karimov  gapimni oxirigacha eshitmadi.

-Usha millatvakillaringiz …  qisib o’tirsin, – deya qo’lini musht qilib ko’rsatdi.

Bu gapi qattiq botdi. Chunki men ham o’sha millatvakillaridan biri edim. Shu bois unga javob berish zarur deb hisobladim va:

-Sizni madaniyatli odam deb eshitgandim…,- Aslida madaniyatsiz kalimasini ishlatmoqchi edim, ammo  tilim bormadi.

Karimov yana  so’zimni kesdi:

-Bu deputatligingiz uzoqqa bormaydi, deb necha marta aytdim, tushunasizmi o’zi? Qolganlarniki ham. Mustaqillik esa xoinlik.  Orqadan pichoq urishdir. Gapirishni bilasiz hammangiz,  ish esa menga qolgan. Mana bu Deklaratsiya bir tiyinga qimmat qog’oz, buni tualetda ham ishlatib bo’lmaydi, bildingizmi? Shukur Rahmatovich kerak bo’lsa shu gapni chiqib xalqqa ham aytadi,- Karimov avzoyi buzilib baqira boshladi.

Shukrullo Mirsaidov vaziyatni yumshatmoqchi bo’ldi, shekilli, gapga aralashdi:

-Nima ekan o’zi bu loyihalar? – dedi.

-Men loyihalarni bu yerga olib kelmasligim mumkin edi, ammo bir yuz oltmish yetti millatvakili bu loyihalarning ostiga imzo otgan, prezidentning nomiga murojaat yozgan. Istasangiz, cho’ntagingizga solib qo’ying, bizda muhokama qilish uchun boshqa nusxalari bor,- dedim Mirsaidovning savoliga javob berar ekanman Karimovga yuzlanib. Keyin qo’limdagi qog’ozlarni Karimovga uzatdim. Ammo  u emas Shukrullo Mirsaidov oldi. Karimov esa 167 raqamini eshitib, bir lahza esankirab qoldi. So’ng  Bosh vazirning qo’lidan ro’yxatni olib, ism-shariflarga nazar tashladi.

-Voy, ablahlar, voy nonkurlar,-der ekan, loyihalarni o’qidi-da, sakkiz satrlisini menga uzatdi:

-Mana shunisini majlis oxirida ko’rib chiqishsin, – dedi.

Karimov ajratib bergan sakkiz satrli loyihada hech gap yo’q edi.Chiqib ketar ekanman yana Karimovning gaplari qulog’imga chalindi:

-Bu jo’jaxo’rozlar bilan adi-badi aytib o’tirishga holim yo’q. Agar boyagini muhokamaga qo’yishadigan bo’lishsa, mustaqillik degan so’zlarni “suverenitet” kalimasi bilan almashtirib, Moskvaning qonunlari hududimizda o’z kuchini saqlab qoladi, degan qo’shimcha bilan qabul qilish mumkin. O’shanda hech gap bo’lmaydi. Keyin istasak qaytadan yozamiz, istasak e’lon qilmaymiz. O’zingiz so’zga chiqib, buning bir parcha qog’ozligini tushuntirib bering, bular hali iqtisodning “i” harfini bilishmaydi…Ismoil Hakimovichga ayting, anqayib o’tirmasdan ana u imzo qo’yganlar bilan gaplashib qo’ysin…

Karimov birdan men tomonga qaradi va:

-Yana biror gapingiz bormi?- dedi. Ularning gapiga quloq tutib qolganim odobsizlik ekanligini his qilib “uzr” dedimda  majlislar zali tomon ketdim.

Shu orada Karimov Erkin Vohidovni chaqirtirdi. Men uchun unga tanbeh bera boshladida deya ko’nglim xijil bo’ldi. Mard bo’lsa gapini o’zimga aytaqolmaydimi, deb ranjidim. Ammo gap boshqa ekanligini keyin tushundim.

Mustaqillik Deklaratsiyasini muhokamaga  qo’yamiz desak Erkin aka so’z so’radi.

-Mustaqillik hayotimizning eng muhim va eng kerak masalasi. Shu sababdan bu haqda Deklaratsiya qabul qilish uchun maxsus hay’at tuzishimiz kerak. Bunga yozuvchilar, shoirlar, huquqshunoslar, olimlar, siyosat arboblari, xullas hamma sohadan vakillar kirsin. Shunday bir hujjat qabul qilaylikki, dunyo bizga qoyil qolsin. Sixni ham kabobni ham kuydirmasdan ish qilaylik…,- dedi u.

Undan keyin  Ahmadali Asqarov, Muhammad Solih, Oygul Mamatova, Murod Jo’raev va yana bir necha   kishi so’zga chiqib o’z fikrlarini aytdilar. Ko’pchilik hay’atni shu zahoti tuzib, Deklaratsiyani majlis oxirida qabul qilish kerakligini aytdi. Men ham so’z olib ikkinchi loyiha mukammalligini va uni muhokama etib, qo’shimchalar bilan qabul qilish kerakligini aytdim.

Muhokama davom etar ekan, Karimov chaqirtirdi.

-Siz uka nima qilayasiz, bu o’yinchoq emas, katta davlat, nega siz  menga boshqa narsani ko’rsatib, majlisga boshqa gapni aytayapsiz. Bilasizmi buni nima deyishadi…?,- deb so’kinch gapni ishlatdi..

-Bo’lmasa siz ham ba’zi narsalarni bilib oling,- dedim qizishib.-Biz qabul qilgandan keyin hujjatlar imzolanish uchun sizga boradi. Fikringizni ana o’shanda aytasiz. Istasangiz qo’l qo’ymasdan yana bizga qaytarasiz, veto haqingiz bor va biz qayta ko’rib chiqamiz. Lekin  prezident oldindan ko’rib chiqadi, degan gap yo’q. Shunga qaramasdan men sizga ko’rsatdim. Chunki sizning nomingizga yozilgan murojaat ham bor edi. Deputatlar sizga ishonch bildirib yozishgandi uni. O’zingiz loyihalardan bittasini tanlab menga berdingiz. Men esa ikkinchisini taklif qildim, chunki…

Karimovning jahli chiqqan edi, gapimni kesdi.

-Menga chunki-munkini gapirmang. Sizlar bir nechta jo’jaxoroz bu yerni ham Moskvaga aylantirib yubormoqchisizlar. Ammo bilinglar, bu yerda Gorbachevga o’xshagan lattachaynar yo’q. Sizlar chalgan musiqaga o’ynab o’tiradigan odam yo’q bu yerda. Musiqani men chalaman. Men aytdimmi, tamom, hozirning o’zida chiqib loyihaning ikkinchisini qaytib olasiz va birinchisini o’rtaga qo’yasiz.

-Endi orqaga qaytish mumkin emas. Qolaversa birinchi loyihada hech gap yo’q. Uni e’lon qildigu qilmadik, hech farqi bo’lmaydi,-dedim men.

Karimov mushti bilan stolga urib baqirdi.

-Men aytganni bajar deyapman, senga!

-Meni sensiramang va bu ohangda buyruq ham qilmang! Vasvasaga tushganingizni hozir chiqib deputatlarga e’lon qilaman,-dedim.

Karimov endi peshonasiga mushtladi.

-Hammasiga eshshak KGB aybdor, Melkumov aybdor!  Sanlarni bu yerga yaqin yo’latmaslik kerak,  degandim. Bitta ishni eplolmadi ablahlar.Tarqatib yuboraman, qaytadan tuzaman. Sanlarga esa alohida turma qurib beraman. Chirib ketasanlar o’sha erda.

-Biz chirib ketadigan nima ish qildik? Mamlakatimiz mustaqil bo’lsin desak, bu jinoyatmi?

-Ha jinoyat. Mamlakatimiz bitta. Sovet Ittifoqi. O’shanda tug’ildik o’shanda o’lamiz. Hozir qulay payti kelgan, Moskvadan ko’proq haq olishimiz mumkin. Byudjet teshilib yotibdi. Sanlar oyog’imga bolta urayapsanlar, bildingmi? Moskva bizni mustaqil bo’lishga qo’ymaydi. Oyog’imizdan osadi. Xalqingni ham, sanlarni ham qirib tashlaydi. Sanlar tarixni ham bilmaysanlar.

-Agar sensirashda davom etsangiz men ham sizni sensirab gapiraman,- dedim Karimovning bepisand ohangiga  qarshi.

-Siz bilan hali kamerada sizlashib gaplashaman, unda men gapiraman, siz eshitasiz, chunki javob qaytaradigan mana shu tilingiz kesilgan bo’ladi!

– Hali qassoblik hunarim ham bor deng…

Bilmagan holda Karimovning eng nozik nuqtasiga “urib” qo’yibman. Uning otasi Abdug’ani aka Samarqandda qassob bo’lgani, tuya go’shti sotib qo’lga tushgani, bu esa Karimovda endi partiyaga o’ta olmayman degan fikr o’yg’otgani va shundan keyin otasini do’pposlab uydan chiqib ketganini keyin eshitdim. O’sha kezda otasi yoki biror yaqin kishisi qamalgan bo’lsa, partiyaga a’zo qilib olishmas edi. Ammo Karimovning omadi chopgan ekan. Otasi o’lib ketgan bo’lsada akasi va ukasi qamoqda bo’lishiga qaramasdan U O’zbekiston Kommunistik partiyasi Markaziy Komitetining birinchi kotibi etib “saylangan” edi. KPSS Markaziy Komiteti Siyosiy byurosining a’zosi ham bo’ldi.

Karimov birdan baqirib yubordi.

-Shukur! O’ldiraman sani, san aytgansan bularga. Man sanga qassoblikni ko’rsataman, ablah!

U ochiq eshik  tomonga qarab so’kina boshladi. Shukrulla Mirsaidov  bizning tortishuvimiz paytida qo’lidagi sigaretni ko’rsatib tashqariga, ya’ni kichik xonadan kattaroq  joyga o’tgandi. U nima gap, deganday kirib kelganda Karimovning og’zidan ko’pik sachrab so’kinayotgan edi.

Shu payt Oliy Kengash qo’mitalaridan birining raisi Abduvahob YO’LDOSHEVning aytgan gapi esimga tushdi.

-Bu odamning quyanchig’i bor,-degan edi Karimovning jahli chiqishiga sha’ma qilib.

Abduvahob YO’LDOSHEV ilgari Toshkent viloyat ijroiya qo’mitasida rahbar bo’lgan. Keyin uni Samarqand viloyat ijroiya qo’mitasi raisligiga yuborishganda tanishgan edim. 1988 yilda u kishi bilan birga Afg’onistonga borgan edik. Ko’ngli ochiq, samimiy odam. Meni yaxshi tanigani uchun ham maslahat berib turar, Karimovdan ehtiyot bo’lishga undardi. Aslida ham  hali Karimovni yaxshi bilmas edim, ammo u kishi uning musiqasini eshitib ko’rgan, uni yaqindan tanir edi.

U og’ir, har bir gapini o’ylab gapiradigan va  qishloq xo’jaligi iqtisodini yaxshi biladigan odam. Oliy kengashning Iqtisod qo’mitasini boshqarar edi. Samarqand qishloq xo’jaligi institutida ishlagan deputat  Erkin Xo’jaev esa unga o’rinbosar edi. Ular bitta xonada o’tirar edilar. O’zi yolgiz bo’lsagina ancha gaplashardik. Tajribali, bilimli bu odam bilan suhbatlashish maroqli edi. Keyinchalik bilsam, nihoyatda tarbiyali, har bir so’zini o’ylab gapiradigan, o’z ishining bilimdoni bo’lgan bu kishini  ham  Karimov ko’p haqoratlagan  ekan. Mana endi uning  “Karimovning quyanchig’i bor”  degan gapini eslab, rostdan ham shunday ekanmi, deb o’ylab qoldim.

Abduvahob YO’LDOSHEV bunday paytda yo’lini qilib, undan uzoq ketish kerak, der edi. Shu o’gitga amal qilib, tashqariga chiqdimu sessiya bo’layotgan tomonga o’tib ketdim. Deputatlar orasidan Nurali Qobul, Muhammd Solih, Erkin Vohidov va boshqalarni topib, bo’layotgan gaplarni aytib berdim va ularni orqadagi xonaga kelishlarini so’radim.

Oradan ko’p o’tmay sessiyada Shukrulla Mirsaidovga so’z berildi.

-Bu bir parcha qog’oz. Hamma narsa shu bilan hal bo’lib qolmaydi, -dedi u. – Masalaning iqtisodiy tomonlarini ham ko’rib chiqishimiz kerak. Men bilan yonma-yon o’tiradigan bir deputat “Bog’cha qurish ahamiyatlimi, mustaqillik bayonotimi?” deb so’radi. Ana shu savolning o’zi ko’rsatayaptiki, bu masalani bir hay’atga yuklashimiz va butun takliflarni inobatga olgan holda o’rtaga chiqarishimiz kerak. Mana mening qo’limda ikkita loyiha bor. Xo’sh, buning qaysi birini qabul qilamiz? Men majlisda tanaffus e’lon qilinishini va butun viloyatlarning vakillari yig’ilib, bu masalani muhokama qilishlarini taklif etaman.

Karimov allaqachon  barcha viloyat rahbarlarini ichkariga chaqirgan ekan.

Shu orada kotibiyatga SSSR xalq deputati Zolotuxinni sessiyaga kiritishmayapti degan xat keldi. Mirzaolim akadan so’rasam u kishi Markaziy qo’mita tashkiliy ishlar bo’lim mudiri O’tkir Zokirovni ko’rsatdi. Masalani aniqlash uchun uning yoniga bordim.

-Sizlar nima qilayapsizlar o’zi. Oxiri yomon bo’ladi. Bu isyon bilan baravar,- dedi u.

U bilan  ham adi-badi aytib o’tirgim kelmadi. Zolotuxin haqida so’rasam:

-Xomsizlar, dedimku, bunday masalani boshqa odam hal qila olmasligini, faqat o’zlari qaror berishlari mumkinligini bilishingiz kerak,-dedi u orqa xonaga ishora qilib.

Ichkarida Karimov to’plangan  rahbarlar bilan gaplashayotgandi. Kirib borganimni ko’rib:

-Yana nima gap?- dedi.

-Qonunlarimizga ko’ra SSSR xalq deputatlari sessiyaga kirishlari mumkin. Mustaqillik Deklaratsiyasini qabul qilganimizdan keyin bu masalani ham ko’rib chiqamiz. Lekin hozircha…

-Bilasizmi? Siz emas biz ko’rib chiqamiz.O’sha iplos Zolotuxin kim? He, uning onasini…

Karimov baqir-chaqir qilib hali ismini aytib ulgurmaganim Zolotuxinni sirtdan so’ka boshladi. Viloyat rahbarlari bosh egib o’tirardilar. Xorazm viloyatining rahbari ayol edi. U bir nima demoqchi bo’lgandi Karimov uni ham erkakchasiga so’kib berdi.

Mirsaidov hech narsa bo’lmagandek masalani Deklaratsiya tomonga burdi. Baz’i rahbarlarga javob berib yubordi va faol deputatlarni chaqirtirdi. Karimov esa bir chetda Erkin Vohidov, Nurali Qobul va Muhammad Solih bilan Deklaratsiya haqida gaplashayotgan edi. Ular nimani gaplashdilar menga qorong’u, lekin Karimov jahlidan tushib, o’zini ancha erkin sezib qolgandi. Shu bois biz to’plangan joyga yaqin ham kelmadi. Mirsaidov uning yoniga borib keldi-da:

-Takliflarni inobatga olgan holda yangi bir matn tayyorlash uchun besh kishilik ha’at tuzamiz,-dedi. Keyin kimlarni hay’tga kiritishni so’radi. Besh kishini ko’rsatishdi. “Shukrullo Mirsaidov, Jahongir Mamatov, Muhammad Solih,  Murod Jo’raev, Oygul Mamatovadan iborat hay’at tuzilsin” degan qaror olindi.

Vaqt allamahal bo’lib qolgandi. Hamma ketib qoldi. Ammo matn ertalabga tayyor bo’lishi kerak edi. Bu ish Vazirlar mahkamasining umumiy ishlar bo’limi mudiri Ravil Abduqodirov bilan ikkalamizga qoldi. Keyin bilsam, Karimov matnga SSSRning barcha qonunlari O’zbekistonda hal qiluvchi kuchga ega, degan moddani kiritishni istagan ekan.

Biz Ravil Abduqodirov bilan shu erning o’zida o’tirib matnni qayta yoza boshladik. Ravil Abduqodirov ham rus tilida, ham o’zbek tilida hujjatlarni yozishga juda usta ekan. Qisqa vaqtda bir necha variantni yozib qo’ydi. Har bir variantni olib borib Efimovga ko’rsatib kelishardi. U Kommunistik partiya markaziy qo’mitasining ikkinchi kotibi va matnlarni Moskva bilan kelishayotgan ekan. Xullas, ish oqshomdan ertalabga qoldi va ertasi kuni tushga qadar davom etdi. Tushdan keyingi sessiya ochilishi bilan Mirsaidovga so’z berdik:

-Kecha yarim tunga qadar loyihani ko’rib chiqdik,- deya u matnni o’qib berdi va qabul qilinishini so’radi.

Ko’pchilik mustaqillik tashnasi ekanligi sezilib turardi. Mirzaolim Ibrohimov tortishuvlardan keyin masalani ovozga qo’ydi va yana zalga  qarab ham o’tirmasdan “Bir ovozdan qabul qilindi” deb e’lon etdi.. Hamma o’rnidan turib qarsak chalarkan, Efimov, Hamidovlar ham bu shiddatli sel kabi oqimning kuchiga dosh berolmay oyoqqa qalqqandilar. O’sha kezda hali men yaxshi tanimaydigan deputatlar bayroq ko’tarib chiqishdi. Boshqalari “Yashasin mustaqillik!” deya hayqirishdi. Bu hayqirish tog’larda aks sado bergandek qator oralarida takrorlana boshlandi. “Mustaqillik!” deya hayqirayotganlar qandaydir o’y – fikrlarga emas, qalblariga quloq solayotgandilar.

Mustaqillik Deklaratsiyasi qabul qilingandan keyin Karimov yana norozi bo’ldi. Chunki matn uning iznisiz muhokamaga qo’yib yuborilishini kutmagan ekan.

-Bu yana nima gap?,- deya baqira boshaldi.

Shu payt Mirsaidov kelib, loyihalar muhokama qilingani va Efimovga ko’rsatilib deyarli qayta yozib chiqilganini aytdi. Karimov qo’lidagi qog’ozni unga pesh qilib baqirar ekan, men chiqib ketdim, chunki do’stlarim kutib turishgandi. Toshkent mehmonxonasiga borib, u erdagi deputatlar bilan restoranda bayram qildik, hamma bir- birini qutlagan, shod edi.

O’shanda biz Oliy kengashda ishlagan deputatlar Vazirlar mahkamasiga qarashli mehmonxoda yashar edik. Kechqurun televidenieda sessiya haqida ma’lumot berilib, Deklaratsiya haqida gap bo’lmadi. Qo’shni xonalarga o’tib Meli Qobulov, Oygul Mamatova, Hamza Eshnazarov  va boshqalarni to’plab masalani muhokama qildik.

Norozilik bayonoti yozib e’lon qilamiz, degan qarorga keldik. So’ngra Markaziy Qo’mitaning televidenieni nazorat qiluvchi  kotibi  Jahongir Hamidovga sim qoqdik.

-Biz ham shuning dardida uxlamay  o’tiribmiz, – dedi Hamidov. – Boshqa norozilar ham bor, muxolifat mitingga chiqmoqchi ekan, Islom akaga telefon qilayapmiz, bog’lanishning iloji bo’lmayapti…

1990 yilning 20 Iyunida qabul qilingan Mustaqillik Deklaratsiyasi nihoyat  22 iyunda  “Sovet O’zbekistoni” gazetasida bosib chiqarildi. “O’zbekiston adabiyoti va san’ati gazetasi” esa deklaratsiyani 29 iyunda e’lon qildi. Deklaratsiya Karimov tomonidan tuzatilgan va undagi “O’zbekiston” kalimalari “O’zbekiston SSR” deb o’zgartirilgan va Moskvani qoniqtiradigan bir qancha o’zgarishlar kiritilgandi. Ya’ni Karimov o’z so’zida “turgan” va  Deklaratsiyani o’ziga moslab e’lon qilgandi. Masalan, undagi 12- modda muhokama qilinganda quyidagicha edi:

“12. Ushbu Deklaratsiya mustaqil O’zbekistonning yangi konstitutsiyasini ishlab chiqish uchun asosdir”.

Karimov tomonidan matbuotga berilgan matnda esa bu modda quyidagicha edi׃

“12.Ushbu Deklaratsiya O’zbekiston SSR ning yangi konstitutsiyasi  hamda ittifoq shartnomasini ishlab chiqish uchun asosdir”.

O’shanda Moskva respublikalarga Ittifoq shartnomasi tuzishni taklif qilgan payt  bo’lgani uchun ham bunga urg’u  berilgan bo’lsa ajab emas?!

Quyida O’zbekiston Mustaqillik Deklaratsiyasining 1990 yil 20 iyunda qabul qilingan va Karimov tomonidan  o’zgartirib ikki kun keyin e’lon qilingan matnini keltirmoqchiman.  Qora harflar bilan yozilgan va  ostida chiziq bo’lgan kalimalar Deklaratsiya xalq vakillari tomonidan qabul qilingandan so’ng unga  zo’ravon hukumat tomonidan qo’shilgan so’zlaradir.

“Mustaqillik Deklaratsiyasi

O’zbekiston SOVET SOTSIALISTIK RESPUBLIKASI Oliy soveti:

O’zbek xalqining davlat qurilishidagi tarixiy tajribasi va tarkib topgan boy ana’nalari,

Har bir millatning o’z taqdirini o’zi belgilash huquqini ta’minlashdan iborat oliy maqsad haqi,

har bir kishining farovon hayot kechirishini ta’minlashni oliy maqsad deb bilgan holda,

O’zbekiston xalqlarining kelajagi uchun tarixiy mas’uliyatni chuqur his etgan holda,

xalqaro huquq qoidalariga, umumbashariy qadriyatlarga va demokratiya printsiplariga asoslanib,

O’zbekiston SOVET SOTSIALISTIK RESPUBLIKASIning davlat mustaqilligini e’lon qiladi.

1.O’zbekiston SSRning demokratik davlat mustaqilligi respublikaning o’z hududida barcha tarkibiy qismlarida va barcha tashqi munosabatlardagi tanho hokimligidir.

2.O’zbekiston SSRning davlat hududi, chegarasi daxlsiz va bu hudud xalqning muhokamasiga qo’yilmay turib o’zgartirilishi mumkin emas.

3. O’zbekiston SSRda davlat hokimiyati uning hududiga kiradigan barcha tarkibiy va bo’linmas qismlari ustidan amalga oshiriladi va shu hududda yashaydigan aholiga taalluqlidir.

4.SSSR Oliy Sovetida qabil qilinadigan qarorlar O’zbekiston SSR konstitutsiyasiga muvofiq Oliy Sovet tomonidan tasdiqlangandan keyingina O’zbekiston SSR hududida kuchga ega bo’ladi.

(IZOH:Islom Karimov bu bandni “SSSR Oliy Sovetida qabul qilinadigan qarorlar O’zbekiston SSR konstitutsiyasiga muvofiq O’zbekiston SSR hududida yetakchi kuchga egadir” tarzida taklif qilgan ammo deputatlarning qattiq talabi bilan unga “O’zbekiston Oliy Soveti tomonidan tasdiqlangandan keyingina” degan qo’shimcha kiritilgan edi-JM).

5. O’zbekiston SSR davlat hokimiyati vakolatiga O’zbekiston SSR ichki va tashqi siyosatiga tegishli barcha masalalar kiradi.

6. O’zbekiston SSR xalqaro huquqning asosiy prinsiplarini tan oladi va hurmat qiladi.

7. O’zbekiston SSR ITTIFOQDOSH RESPUBLIKLAR  VA boshqa davlatlar bilan o’zining siyosiy, iqtisodiy, madaniy va boshqa munosabatlarini shartnomalar asosida belgilaydi va amalga oshiradi.

8. O’zbekiston SSR o’zining taraqqiy yo’lini,  O’Z NOMINI O’ZI BELGILAYDI va davlat belgilarini (Gerb, Bayroq, Madhiya) o’zi ta’sis etadi.

(IZOH:Bu band O’zbekiston  o’zining taraqqiy yo’lini o’zi belgilaydi va O’zbekiston SSR  O’zbekiston Respublikasi deb o’zgartirilganini e’lon etadi va O’zbekiston respublikasining davlat belgilarini (gerb, bayroq, madhiya) o’zi ta’sis etadi.” tarzida edi-JM).

9.QORAQALPOG’ISTON MUXTOR SOVET SOTSIALISTIK RESPUBLIKASI MUSTAQILLIGINI MUXTOR RESPUBLIKA KONSTITUTSIYASI TA’MIN ETADI. O’ZBEKISTON SSR UNING ASOSIY QONUNI VA O’ZBEKISTON SSR KONSTITUTSIYASI ASOSIDA QORAQALPOG’ISTON MSSRNING MANFAATLARINI HIMOYA QILADI.

(IZOH:Asosiy matnda bu band quyidagicha edi: Qoraqalpog’iston kelajagini O’zbekiston qonunlari doirasida bu hududda yashayotgan xalqlarning vakillari o’laroq bu jumhuriyatning oliy soveti belgilaydi”. Bu mazkur mintaqa deputatlarining taklifi edi.-JM).

10.O’zbekiston SSRning qonun chiqaruvchi hokimiyati O’zbekiston SSR davlat mustaqilligini amalga oshirish uchun zarur bo’lgan qonunlarni ishlab chiqadi. O’zbekiston SSRning siyosiy va iqtisodiy sistemalari tarkibini va qurilishini belgilaydi.

11.O’zbekiston SSR Oliy Soveti umumxalq muhokamasi asosida demokratik huquqiy davlat tuzishga qaror qilganini bildiradi. O’zbekiston SSRda yashayotgan barcha millat va elatlarning qonuniy, siyosiy, iqtisodiy, etnik, madaniy huquqlariga hamda ona tillari rivojlantirilishiga kafillik beradi.

(IZOH: Bu moddaning ikkinchi jumlasi asl matnda yo’q edi. Bilishimizcha  ruslarning va rus tilining manfaati ko’zlangan holda bu satrlar kiritilgan.-JM)

12.Ushbu Deklaratsiya O’zbekiston SSR ning yangi konstitutsiyasi  HAMDA ITTIFOQ SHARTNOMASI ni ishlab chiqish uchun asosdir”.

Aslida demokratik jamiyatlarda parlament qabul qilgan hujjatga bunday o’zgartirish kiritish tasavvurga ham sig’maydi va bu  juda katta jinoyatdir.O’zbekistonda esa barcha qabul qilingan  qonunlarga sessiyadan keyin ham qo’shimcha kiritilaveradi. Bu esa diktaturaning jinoyat klubidan iboratligini ko’rsatuvchi bir dalildir.

Xullas, bu bo’limga ilova qiladigan yana bitta narsa bor. Ikkinchi sessiyadan keyin O’zbekiston Kompartiyasi Markaziy qo’mitasining plenumi chaqirildi va sessiyada jilovni deputatlarga berib qo’ygani uchun Mirzaolim Ibrohimov masalasi muhokama etilib, uning raislikda qolib qolmasligi savol ostiga qo’yildi.

Shuncha bo’lgan voqealarga qaramasdan, O’zbekiston Mustaqillik Deklaratsiyasi xalqimizning, uning vakillarining, muxolifatning (“ERK” va “Birlik” nazarda tutilmoqda) azmini o’rtaga qo’ygan ulkan hodisadir.

Ushbu tarixiy hodisadan keyin oradan bir yilu ikki oy o’tib Karimov qaytadan Mustaqillik e’lon qilar ekan, deputatlarning beparvoligi, hatto qarsak chalishmagani bugunga qadar masxara qilinadi. Aslida bu ularning Karimovga, uning ikkiyuzlamachiligi, so’zbo’yamachiligiga qarshi yana bir isyonlari edi…

8.TASHABBUS GURUHI

Biz Oliy Kengashda ishlayotgan deputatlar o’z-o’zidan ikkiga ajralgan edik. Demokratik o’zgarishlar tarafdori bo’lganlar va boriga shukur qiluvchilar. Birinchi guruhga asosan yoshlar va saylovda katta kurashlar evaziga yutib chiqqanlar kirgandi. Ikkinchi guruh esa hukumat ro’yxatidan o’tganlar va kelajaklarini hukumatning yo’lidan yurish, deb bilganlar.

Bu bo’linish asta-sekin viloyatlardan Oliy majlis qo’mitalariga a’zo bo’lganlar orasida ham sezilib qoldi. Ammo birinchi guruhga kiruvchilar barmoq bilan sanarli, ikkinchi guruhdagilar juda ko’pchilikni tashkil etishlariga qaramay ular ozchilik bilan hisob-kitob qilishga majbur bo’lib qolayotgandilar. Biz kuch sifatida sochilib ketmaslik va “bir musht bo’lish” haqida o’ylab Oliy majlisdagi deputatlarning guruhini tuzishga kirishdik.

Toyiba To’laganova:

-Bu ishni siz tashkil qilayapsiz, raisligini ham o’zingiz olishingiz kerak,-dedi.

-Gap raisda emasku- dedim.- Qolaversa bu ishda faol qatnashayotganlar ham ko’p. Hatto qo’mita raislari orasida ham qiziqish bildirganlar bor.Shuning uchun ham rais haqida o’ylash unchalik mantiqli tuyulmayapti.

-Yo’q,- dedi Toyiba,-hamma narsa raisga bog’liq va guruhimiz Rayosat bilan, Oliy majlis bilan yuzma-yuz tura olishi uchun rais kuchli bo’lishi kerak.

-Lekin biz raisni oldindan belgilab qo’ysak, hukumatning yo’lidan borgan bo’lamiz. Biz demokratiya tarafdorimiz, shunday ekan rais masalasini yig’ilishda hal qilamiz,-dedim.

Tashabbus guruhining yig’ilishini o’tkazish uchun Oliy kengash joylashgan Vazirlar mahkamasi binosining birinchi qavatdagi majlislar xonasiga to’plandik. Kutilmaganda majlisga Muhammad Solih kirib keldi. Biz hayron bo’ldik. Chunki biz avval Oliy majlisdagilar to’planib, bir gaplashib olmoqchi, keyin chetdagi xayrixohlarni ham taklif qilib, kengaytirilgan majlis o’tkazib, guruh tuzilganini e’lon qilmoqchi edik. Ammo majlisni boshlamasimizdan oldin Muhammad Solih so’z olib:

-Har qanday harakat raisdan boshlanadi. Avval raisni tanlash, keyin birinchi qadamni tashlash kerak. Oramizda rais bo’ladigan nomzodlar ko’p. Lekin Abdulhay Mirsaidov juda ham muhim nomzod. Texnika fanlari doktori, O’zbekistonda bu sohada bu pog’onoga chiqqan eng yosh olim shu kishi. Menimcha hozirdanoq bu odamni rais etib belgilashimiz kerak. Qarshilar yo’q bo’lsa kerak,-dedi.

Muhammad Solihga nima qilib bizning ishga aralashib yuribsiz, deya tortishmoqchi bo’ldim. Ammo Toyibaning gapi yodimga tushdi va bu tortishuvim xuddi raislikni talashayotgan kabi bo’lmasin, deya indamadim. Hali kengaytirilgan majlis o’tkazganda raisni demokratik yo’l bilan saylab olamiz, deya o’ylab qo’ydim.

Lekin Abdulhay Mirsaidovning rais bo’lishiga ham qarshi emas edim. Chunki kamsuqum, kamtar va elib yuguruvchan odam. Muhammad Solih darrov uni rais o’tiradigan joyga taklif qildi. Bu harakatdan ba’zilar ranjidi, ba’zilar esa e’tibor ham qilishmadi. Chunki guruhning raisi bo’lish faqat ortiqcha tashvish, degani edi. Lekin keyinchalik bildimki, biz o’shanda katta xato qilgan ekanmiz. Raisni harakat chiqarishi kerak, rais harakatni emas, deya tushunardim. Bu tushuncham bizning jamiyatga yot ekanini oradan ko’p yillar o’tib angladim. Bizda kimdir bir harakat yoki tashkilot tuzib kimlargadir mansab yoki pul va’da qilsa bas ekan, unga ergashib ketishaverishar ekan.

Biz o’shanda Oliy Kengashning demokratik deputatlar guruhini tuzish uchun  to’plangandik. Ammo katta yig’ilishga qadar bormadi ishimiz. Shu bois guruhimizning nomi “Tashabbus” o’laroq qoldi. “Rais”ni o’sha kuni Karimov chaqirib gaplashgani va oradan ko’p o’tmay uning Karimov bilan birga safarga borib-kelganini eshitdik. Shundan keyin uning guruh ishlariga qatnashishiga hafsalasi ham qolmadi. U o’z-o’zidan chetga chiqib qoldi.

Lekin biz to’planib, guruhning majlislarini o’tkazib, masalalarni muhokama qilib olaverdik. O’shanda bu guruh ishini yuritishda Toyiba To’laganova, Oygul Mamatova, Toshpo’lat Jo’raev, Hamza Eshnazarov, Rinat Mirxonov, Vohid A’zamov, Baxtiyor Qodirov, Alijon Qo’chqorov va boshqalar faol edilar. Guruhimizning a’zolari 7-sessiya arafasida oltmishdan oshib qolgandi. Ba’zilar majlislarimizga kelmasalar ham bizning takliflarimiz, bayonotlarimizga qo’shilishar va ularni imzolab berishardi.

Bir kuni Karimov chaqirib qoldi.

-Bu “Tashabbus” guruhi degani nima o’zi, nima bilan bandsizlar?-dedi.

-Hamma masalalar bilan,-dedim.

-Masalan bir-ikkitasini men ham bilsam bo’ladimi?

-Bo’ladi,-dedim uning maqsadini anglab, ya’ni uning guruhning siyosiy yo’nalishdagi faoliyatidan boxabar bo’lishni istayotganini sezib, gapni boshqa tomonga burdim.- Masalan bizning ish sharoitimiz. Shu masalani ham birgalashib hal qilmoqchimiz.

-Birinchi sessiyada o’zingiz chiqib imtiyozlarni bekor qilish kerak degan edingiz, endi imtiyoz izlayapsizlarmi?,- dedi Karimov kinoya bilan.

-Imtiyoz emas, oddiy mehnat sharoiti izlayapmiz. Masalan, bizning Oshkoralik qo’mitasi uchun bitta kichiki xona berilgan. Bir tomonda rais Erkin Vohidov, ikkinchi tomonda men o’tiraman. Qo’mita kotibasi Toyiba To’laganova uchun esa hatto stol ham yo’q. Mehmonlar uchun ajratilgan joyda o’tirib ishlaydi. Ayni holni hamma qo’mitalarda ko’rish mumkin. Bu ahvolda ishlab bo’ladimi?

-Toyibani ko’p ham qo’mitaga yaqin yo’latmanglar. Undan tashqari, joy bo’lmasa nima qilish kerak? Qanday taklifingiz bor, prezidentning xonasini bo’shatib beraymi? Yoki Vitse prezidentning xonasi bo’sh yotibdi, shu yerga kelib ishlay qolinglar,- Karimov Toyibaning nomini eshitib biroz jahlga mingandi.

-Oliy Kengashning ham o’z binosi bo’lishi kerak. Sessiyani kelib sizning binongizda o’tkazayapmiz, qaytib borib Vazirlar mahkamasidagi tor xanalarda o’tirib qonun loyihasi tayyorlayapmiz. Mana Anhorning narigi tomonida, ko’p qavatli, katta bir inshoot qurilishi qachondan beri to’xtab qolgan. Shuni moslab, Oliy Kengashning binosi qilish mumkin emasmi?

-Mumkin… bu masalani menga qo’ying. Men hal qilaman,-dedi u va ertasiga bir majlisda dabdurustdan g’amxo’rlik qilayotganini namoyish etgandek, “Men keyingi paytda deputatlarning qiyin ish sharoitini ko’rib qiynalib ketayapman. Buncha katta prezident apparati nima uchun kerak? Ana u partiyaning binosi-chi? Anhorning narigi tomonida baland bino qurilmay chala yotibdi. Shuni Rayosat a’zolari borib ko’rsinlar. Ma’qul tushsa, tuzatib Oliy kengashga beraylik. Xalqning vakillari uchun birinchi navbatda g’amxo’rlik qilishimiz kerak” deb qoldi.

Karimovning bunday “hunari”ni asta-sekin hamma bilib oldi. Shu bois uning huzuriga kirishganda, “Islom aka, mana shu ishni sizning gaplaringizdan kelib chiqib qilmoqchimiz, shuni o’zingiz boshlab yuborsangiz” deya bir o’q bilan ikki quyonni uradigan bo’lishdi. Birinchidan, Karimov yangi g’oya muallifi va ikkinchidan, o’sha ish bitib ketardi. Shu sababdan ham mamlakatdagi hamma ishlar uning nomiga bog’lanib qoldi.

Oliy majlisdagi sharoitga qaytsak, faqat bino masalasi bilan kifoyalangan emas edik. Prezident idorasidagi oddiy bir xodimga ko’rsatiladigan xizmatning yuzdan biri ham xalqning vakili bo’lgan deputatga lozim ko’rilmasdi. Deputatlar olti oydirki mehmonxonada yotib, kun kechirishardi. Haftada bir marta ikki kilogrammdan go’sht sotilardi. Buning uchun ular ishdan keyin Vazirlar mahkamasining zax erto’lasida soatlab navbatda turishardi. Prezident devonidagi oddiy xodim esa oilasiga kerakli narsani yozib berar va maxsus xizmat xodimlari kerakli narsalarni mashinada uning uyiga etkazishardi. Hatto tushlik oshxonasida ham deputatlar begona edilar. Avval Vazirlar mahkamasi xodimlari ovqatlanishardi, chunki joylar ularning nomiga berkitib qo’yilgandi, ulardan qolsagina deputatlarga berilardi. Bular imtiyoz emas, oddiy ish sharoiti ekanligini Karimovga tushuntirishga harakat qildim.

-Deputatlarning transport masalasini ham hal qilish,-kerak,- dedim oxirida.

-Qo’mita raislariga yaqinda mashina beramiz, shuni birgalashib minishadi,- dedi Karimov, keyin telefonni olib Mirsaidovga: -Shukur Rahmatovich, ana u mashinalar qachon keladi? Raislarga “Volga” bering, qo’mitadagilardan ba’zilariga “Jiguli”, o’z pullariga sotib olsinlar. Kelganingizda shuni ham gaplashaylik,-dedi.

Keyin yana menga yuzlanib,

-Nima masala bo’lsa kelib aytib turing, o’zim hal qilaman,-dedi- Ana u Nurali bilan Erkin akangiz og’iz-burun o’pishib yuribdilar. Ulardan ehtiyot bo’ling…

Chiqib ketarkanman, o’sha kezda nima uchun Karimov bu qadar “g’amxo’r” bo’lib qolgani va oxirgi gaplarining bizning “Tashabbus” guruhiga nima aloqasi borligini tushuna olmagandim. Keyinchalik bilsam u “Tashabbus” guruhi kuchlanib borayotganidan cho’chigan va guruhning har bir a’zosi bilan ana shunday alohida-alohida gaplashib chiqayotgan ekan. Olti kishiga esa o’z puliga “Jiguli” avtomashinasi sotib, keyin ularni vazifasini suiistemol qilganlikda aybladi. O’shanda ularga olmanglar shu mashinasini, desak ham, sharoitlari qiyinligi, yo’l qatnovidan bezganlari, qolaversa o’z pullariga olishayotganini aytishgandi. Ammo bu Karimovning tuzog’i edi.

“Tashabbus” guruhi garchi bir tashkilotga aylana olmay qolgan bo’lsa ham demokrat deputatlarni birlashtiruvchi markaz edi. Ayniqsa, 7-sessiyaga tayyorgarlik ko’rishda bu guruh ochiq kuchga aylandi.

9.YUZMA-YUZ

Ko’p narsani matbuotning kuchi bilan hal etish mumkin, deb o’ylardim. Shu bois ham faoliyatimizni matbuotga erkinlik berish bilan boshlash kerak, deb tushunardim. Bizning Oshkoralik qo’mitasida tayyorlayotganimiz Matbuot haqidagi qonun loyihasida ham erkinlik masalasiga alohida e’tiborni qaratayotgan edik.

Matbuoti erkin bo’lgan xalqning dunyoqarashi, qadam tashlashi erkin bo’ladi. Aks holda zanglab qolgan dunyoqarash bilan hech narsa qilib bo’lmaydi. Qorin ovqatga qanchalik ehtiyoj sezsa, inson tafakkuri ham erkin ma’lumotga shu qadar ishtiyoqmand.

Matbuotni bo’g’ish esa tafakkurning manqurtlashuviga, kelajakning zulmat qo’ynida qolishiga olib boradi.

Bu haqda o’ylar ekanman, deputat do’stlarimga o’z hisobimizdan bir mustaqil gazeta chiqarish kerakligini aytdim. Bu nafaqat mustaqil xabar manbai va ayni paytda haqiqat istayotganlarning ham minbari bo’lar edi. Qolaversa, erkin matbuot uchun yo’l ochilardi bu bilan. Shunday mustaqil nashrga ehtiyoj juda katta edi.

Shu bois taklifimni Oliy Kengash qo’mitalaridagi deputatlar qo’llashdi. O’n bir nafar millatvakili o’z mablag’imiz hisobiga “Yuzma-yuz” nomli gazeta chiqarishga qaror qildik va har birimiz o’rtaga o’sha paytning (1990 yil) puli bilan yetti ming so’mdan mablag’ qo’yishimiz haqida bayonnoma yozdik. Bu o’n oylik maoshimiz miqdorida bo’lib, to’plaganda katta bir gazetani chiqarishga etadigan mablag’ edi.

Shuni ham aytish kerak-ki, ba’zi deputatlar shuncha pulni qanday topamiz, deb o’ylaganimizda, qo’mitalarda ishlagan boshqa safdoshlarimiz Karimov bilmagan taqdirda qarz berib turishga rozi bo’lgandilar. Shu bois ham biz Matbuot qo’mitasiga ana shuncha pulimiz borligi haqida kafolatnoma yozgandik. Ya’ni pulni ko’pchilik berib, mas’uliyatni o’n bir kishi bo’yinga olishga qaror qilgandik. Agar gazetamiz chiqsa, uning qo’lma-qo’l bo’lib ketishiga va qarzlarimizdan qutulishga ishonardik.

Gazeta chiqarish haqidagi qarorni Oliy Kengash qo’mitalari raislariga birma-bir olib kirib, imzolatib chiqdim. Ko’pchilik imzoladi. Bu esa Oliy Kengash Rayosatining qarori degan gap edi. Shundan keyin uni rasmiy bo’lsin, degan xayolda pochta orqali davlat Matbuot qo’mitasiga yubordim.

Ro’yxatdan o’tkazish cho’zilib ketdi. Shunda yangi gazetaning tashkilotchisi sifatida davlat Matbuot qo’mitasining raisi (qo’mita vazirlik darajasida bo’lgani uchun qo’mita raisi vazir huquqiga ega edi va og’zaki so’zlashuvda uni vazir deb ham chaqirishardi) Ubaydulla Abdurazzoqov huzuriga bordim. U yaxshi kutib oldi, unga muddat o’tib ketganini eslatdim. U masala faqat o’ziga bog’liq emasligiga ishora qildi. Xayrlashar ekanmiz, “Maslahatlashib, natijasini sizga aytaman” dedi.

“Natija” ertasigayoq suv yuziga chiqdi. Ertalab ishga kelsam, “osmon qulab tushgan”u qo’mitamiz raisi Erkin Vohidov tutib olgandilar.

-Nima qilib qo’ydingiz? -dedi u alom-alik o’rniga.

-Nima qilibman?

-Uka, kimdan-kimdan, Sizdan kutmagandim, vazirni ham urasizmi?

-Vazirni… qaysi vazirni uribman?-ajablandim .

-Nima, bir nechtasini urganmidingiz-ki, qaysi birini deb so’raysiz?- kesatdi Erkin aka.

-Hazilni qo’ying, Erkin aka…,-dedim men.

-Hazili bormi, dunyo teskari bo’lib ketdi. Oqsoqol ot ustida, qamchini mahkam tutganlar. Soat 10.00 da Rayosat majlisi bor,-Erkin aka jiddiy edi.

-Biror anglashilmovchilik bo’lganga o’xshaydi,- dedim endi masalani jiddiy olib.

-Kecha rostdan ham “Matbuot qo’mitasi raisi bilan ko’rishaman” deb chiqib ketgandingiz. Shu bois oqsoqolga hech narsa deya olmadim,- dedi Erkin aka.

-To’g’ri, ko’rishdim, lekin…

Xullas, suhbatga aniqlik “aralashmasdan” bizni Oliy Kengash raisi Mirzaolim Ibrohimov chaqirtirdi.

-Ha, bolam-a, hech tinch yurmading-da! – dedi u quchoqlab.

Hayron bo’ldim. Nimagadir u xursand edi. Nimaga? Bilolmadim.

-Men majlisdan oldin o’zimiz gaplashib olaylik, deb, sizlarni chaqirtirdim. Nima bo’lganda ham bu ukamizni qutqarib qolishimiz kerak. Yosh, jahli chiqishi mumkin. Qolaversa, o’zi yomon bola emas, – dedi rais Erkin Vohidovga qarab.

-To’g’ri, to’g’ri…,- deya Erkin aka boshini chayqab qo’ydi.

-Lekin hech narsani tushunmayapman,- dedim masala jiddiyligidan andisha etib. Rais gapimni eshitmagandek gapira boshladi.

-Biz ham yosh bo’lganmiz. Bilasanmi, dunyo komsomol-yoshlari qo’mitasiga rais bo’lganimda sen tengi edim, -rais o’ziga xos engil kayfiyatda gapirishga ko’chdi.-Adashmasam, Olmoniyada edi. Polshadan kelgan yoshlar rahbari bilan qizishib qoldik. Shunday urib yuboribmanki, sho’rlik, o’lib qolay degandi. Birdan kimligim, qayerdaligim yodimga tushdi. Qo’rqib ketganimdan darrov uni quchoqlab oldim. Nima bo’lsa ham, evropalikda, uzrimni qabul qildi. Bizda uzrni qabul qilish biroz og’irroq. Shunday bo’lsa-da, vazirdan iltimos qilamiz, ukamizning uzrini qabul qilsin. Ammo masala jiddiy. Bunday hollarda ish tergovga ham ketishi mumkin. Ana unda hech narsa qilolmaymiz. Erkin aka, oqsoqol bilan o’zingiz bir uchrashsangiz. Yuraklari keng, balki kechirarlar.

-Hozir olov bo’lib turibdilar…- dedi Erkin aka.

-Bilasiz-ku, yonadilaru o’chadilar, endi masala ham jiddiy-da. Deputat vazirni ursa… To’g’ri, yosh, demokratiya deb saylab qo’ydik. Ba’zan mas’uliyat ham kishini yo’ldan chiqaradi. Tarbiyalashimiz kerak,- dedi rais.

So’ng u Erkin Vohidovga latifa aytib berdi. Menga esa bir piyola choy uzatib, “Ma, ol, bizning qo’ldan choy ichish ham tabarruk, hali eslab yurasan” dedi.

Bu orada rais o’rinbosari Bugrov va qo’mita raislari kirib kela boshladilar.

-Qaror tayyormi?-deb so’radi rais o’rinbosaridan ruschalab.

-Tayyor! Faqat Jahongir Mamatov “tanishdim” deb imzo qo’yishi kerak!

-Bu qarorga imzo shart emas. Mazmunini biz tanishtirdik hisob. Qolaversa, oqsoqol kutib o’tiribdilar. Qani boshlaylik bo’lmasa. Ha, vazir kelgan bo’lsa, chaqiring, kirsin! – dedi rais va o’rnidan turib, kostyumining tugmasini o’tkazib majlisni ochgan bo’ldi. Odatda prezidum majlislarini o’tirgan joyidan olib boradigan rais bu safar o’rnidan turgani ham qiziq edi. Lekin u bir muddatdan keyin yana qayta o’tirdi-da engil yo’talib olib, so’zida davom etdi׃

-Kecha hayotimizdagi eng xunuk voqea yuz berdi. Depuatat Jahongir Mamatov o’z mas’uliyati va vazifasini suiste’mol qilib, Matbuot vazirining xonasiga bostirib kirib, uni do’pposladi…

Men vazirga qaradim. U jilmayib o’tirardi. “Nima gap?” degandek menga savolomuz bosh qimirlatdi. “Bilmasam” degandek, boshimni elkamning ichiga tortdim.

Rais uzoq gapirmadi. So’zni vazirga berdi.

-Men nima gapligini tushuna olmadim,-dedi Ubaydulla aka.

-Nega tushuna olmaysiz? Kecha Jahongir sizni urdimi?

-Yo’q! Kecha huzurimga keldi, gazeta haqida so’radi, shu…

-Unda oqsoqol qayerdan bildilar? Nima u kishi yolg’on gapiradilarmi? Yo’q! Ko’plab to’g’ri informatsiya oladigan joylari bor. Nega haqiqatni yashirasiz? Bilasizmi, shu holingizda oqsoqolni va bizni noqulay vaziyatga tushirmoqdasiz. Nima bo’ldi, o’zi? Qani bir boshdan gapiring.

-Nima bo’lganini aytdim, – dedi vazir.

-Oqsoqol “Jahongir Ubayni uribdi” dedilar-ku!

Abdurazzoqov birdan kulib yubordi:

-Men Oqsoqolga “Jahongir yoqamdan olayati, gazetani nima qilaylik?” degandim. Balki shundan….

-Yoqangizdan olibdi-ku, axir!

-Yo’g’-e, bu bir ibora, biz gazeta xususida javob berolmadik. Jahongir Mamatov ikki marta qo’ng’iroq qildi, keyin o’zi bordi…

Kulgim qistadi. Hozir hamma kulib yuborsa kerak, deb o’yladim. Chunki Karimovning “hovliqmaligi” va o’zbek tilini yaxshi bilmasligi katta bir mamlakatning Oliy kengashi rahbarlarini masxaraomuz vaziyatga solib qo’ygandi.

-Shuni oqsoqolga aytish kerakmidi? – Iqtisod qo’mitasi raisi Abduvahob YO’LDOSHEV kulish urniga jahl bilan so’ray boshladi. -Biz imzo chekkandik, nega bizni qora otli qilasiz? Yarim kechasi oqsoqol uyga qo’ng’iroq qilib, na otamiz, na onamiz qolmay haqoratladilar…

Barcha qo’mita raislari unga ajablanib qaradilar. Chunki ular ham “poy”larini olgan ekanlar. Ammo masalani bu qadar ochish shartmidi, deb Abduvahob akaga ajablanib qarayotgandilar. Zotan ko’p o’tmay rayosat Iqtisod qo’mitasi raisini boshqa ishga “kuzatib” qo’yish uchun yig’ildi. Hozir esa:

-Qayoqdan bilay? Gazetani oqsoqolning maslahatchisi Shoxobiddin Ziyomov to’xtatib turgandi. Men masalani unga aytdim. U oqsoqolga anglatibdi. Keyin o’zlari telefon qildilar-,dedi Ubay aka.-”Yoqangdan oldimi” deb so’radilar. “Ha”, dedim. Bo’lgan gap shu!

Mirzaolim Ibrohimov nima qilishini bilmay qoldi. Piyoladagi choyni ho’pladi-da, Bugrovga “Nima qilamiz?” deya bosh chayqadi. Mirzaolim aka Sovet kadri bo’lgani uchun o’rinbosaridan juda qo’rqar edi. Sovet davrida hamma joyda ikkinchi odam Moskvaning josusi bo’lardi va butun masalani o’sha hal qilardi. Birinchilar esa qo’g’irchoq kabi rol o’ynab berardilar. Agar “ikkinchi” bilan oralaridan mushuk o’tsa, yoki biror harakatlari unga yoqmay qolsa, tamom hollariga maymun yig’lardi.

Bugrov o’zbek tilini tushunmas edi. U “Menga so’z berildi” deya o’rnidan turib, ruschalab gapira boshladi:

-Mamatov… Oliy Kengashga kelgan kunlardanoq uning kimligi ayon edi. Biz uni kuzatdik, o’rgandik, tartibga chaqirdik. Lekin bo’lmadi, qolgan gap qarorda yozilgan. Ijozatingiz bilan o’qib beraman…

-To’xta-e, sen ham xol qo’yding! – deb yubordi Mirzaolim aka o’zbekchalab, keyin kulgisini tuta olmadi. Boshqalarning ham kulgisi qistab turgan ekan, unga qo’shilishdi. O’rinbosarning yuzi tundlashdi.

-Men ertalab qarorni o’rtoq Karimovga ko’rsatganman. U kishi tahrir qilib berganlar. Kuladigan joyi yo’q!-dedi u masxara bo’lgan odamning jahli chiqqani kabi holatda.

Mirzaolim akaning rangi oqarib ketdi. Ancha vaqt boshini egib qoldi. Vaziyatdan chiqish haqida o’ylayotgan edimi yoki aslida o’zim xol qo’ydim, endi nima qilaman, degan xayolda edimi, xullas bilib bo’lmasdi. Boshqalar ham jim bo’lib qolishdi. Bugrov esa anqayib turardi.

Anchadan so’ng Mirzaolim aka masalani ruschalab o’rinbosariga tushuntirgan bo’ldi. U rangini o’zgartirmadi va׃

-Baribir qaror qilishimiz kerak,-dedi,- uning buzg’unchiligi hammaga ma’lum. Hali boshimizga ko’p ish olib kelmasdan hozir imkoni borida qutulish kerak. Islom Abdug’aniyevichning fikrlari ham shunday.

U bu gapini ko’pchilikka eshittirib aytdi. Gap so’rab qo’l ko’tardim.

-Xo’p,-dedi rais – aybdorni ham eshitib ko’raylik.

-Bugrov janoblari Sovet davri bitayotganini unutdilarmi? Meni prezidium emas, sessiya saylaganini ham u kishiga eslatib qo’ymoqchiman. Bu kishi ham borib Mamatov yoqamdan oldi desin, ana undan keyin balki masalani sessiyaga olib chiqishar,-dedim qiziqqonligimga borib.

-Bas,-dedi rais.-Shunaqa sovuq gaping boshingga etadi.  Keyin Bugrovga, “Bu gap sessiyaga chiqsa sharmanda bo’lamiz” dedi va javobini kutmasdan:

-O’tir, bolam,,- deb “gup” etib so’ndi.-Tilim bor, deb gapiraverma. Boya majlisdan oldin seni nega chaqirgandim. Bunday tushuntirib bermaysanmi, o’shanda. Ha, mayli. Biribir qaror qilishimiz kerak. Qaror bunday: vaqtini topib, masalani oqsoqolga etkazib qo’yish menga topshirilsin. Bu xususda Erkin Vohidov menga yordamchi bo’lsin. Tamom.

U kaftini-kaftiga ishqab, “qars” etib qo’llarini bir-biriga urdi-da “Kelganlaringiz uchun rahmat” ishorasini qildi.

Bu teleminiatyuralar teatri emas, butun boshli bir mamlakatning Oliy kengashidagi ahvol. Million-million odamlarning, xalqning taqdiri ana shularning qo’lida. Shuncha voqeadan keyin ham ular korridorga chiqib xaxolab kulishmoqda.

Tirsagimdan kimdir ushladi. Qarasam vazir:

-Do’stim, hayotingizni saqlab qoldim. Mendan qarzdorsiz. Hozir, yolg’ondan bo’lsa-da bir tarsaki tortib yuborgandi, desam, ketdingiz edi…

-Rahmat, taqsir, -dedi

Ertasiga ertalab kelsam, “Mirzaolim aka kasal bo’lib qolibdi” deyishdi. O’shanda e’tibor qilmagandim. Keyinchalik eshitdimki, Karimovning kaltagi uning boshida sinibdi. “Imkoniyatni qo’ldan boy berding”, deb uni qattiq haqorat qilibdi.

Ish shu bilan bitmadi. Karimovning o’zi gazeta uchun pul berishga bayonnoma yozganlarning har birini chaqirib gaplashdi. Qo’mita raislari esa imzo chekkanlari uchun siquvga olindilar. Oxirida Karimov meni ham chaqirdi:

-Bilasizmi, yangi qonun bo’yicha erkin ish qilganlarga faqat foydaning besh foyizi qoladigan bo’ladi. Butun pullaringiz davlatga o’tib ketadi. Topgan-tutganlaringizdan ayrilib qolasizlar.

-Qaysi qonun?-deb so’radim.

-Bolalar tayyorlayapti. Yaqinda sessiyaga olib chiqamiz,-dedi u sovuqqonlik bilan. Sizga gazeta kerak bo’lsa, mana menga ayting, men hukumatning hisobidan ochib beraman.

-Oliy Kengashning o’z gazetasi bo’lishi kerak, deb o’ylagandik.

-Bunga qarshi emasman, Oliy Kengashniki bo’lsin, lekin shaxsiy pulga chiqadigan gazeta emas. Oldin Matbuot haqidagi qonunni chiqarib olinglar, keyin ijrosini ko’ramiz. Buning ustiga Oliy Kengash ijro bilan emas, balki qonunchilk bilan shug’ullanishi kerak.

Keyin u po’pisa qila boshladi:

-Siz odamlardan ehtiyot bo’ling. Sizlarga pul beramiz deganlarni ham bilib oldik. Ular dorning tagidan qochgan o’g’ri, muttahamlardir. Hali ularning hammasini dorning tagiga qaytaraman. Siz to’g’ri yigitsiz. Ulardan uzoq turing. Bo’lmasa soyasi sizga ham tegadi. Saylovchilaringiz Mamatov yetti ming so’mni qayerdan topdi, deb so’rab qolishlari yoki vazir meni urdi deb aytishi ham mumkin. Saylovchilar so’rasalar ham to’g’ri qiladilar. Bechora xalq bir so’mga zor bo’lib turganda, sizlarning har biringiz gazeta uchun deya o’rtaga yetti ming so’mdan tashlasalaringiz, tabiiyki, savol tug’iladi. Yaxshisi Oliy Kengashning gazetasi haqida hujjat tayyorlang, sessiyaga o’zim olib chiqib, tasdiqlatib beraman …

Xullas, “Yuzma-yuz” o’quvchi bilan yuzma-yuz bo’lmasdan Karimovning zug’umiga yuzma-yuz keldi. Bu haqda Oliy Kengashda so’z ocholmaydigan bo’lib qoldim. “Qo’ying shu gapni” deydigan bo’lishdi. Chunki biz erkin matbuot qanchalik kerakligiga ishonsak, Karimov o’z o’rnini mustahkamlash uchun erkin matbuotga yo’l bermaslikka shu qadar tirishardi. Shu bois umidni Oliy Kengashning gazetasiga bog’ladik. Balki bu gazetani mustaqil minbarga aylantirishimiz mumkin, deb ana shu mumkinlikning yo’llarini qidira boshladik.

Aslida Karimov bizni qadamba-qadam sindirayotgan edi.U davlat ishlari bilan emas, ko’proq ana shunday ishlar bilan bevosita o’zi band bo’lardi. Bu esa ko’pchilikni cho’chitib qo’ymoqda edi. Bizni qo’llaganlarning aksariyati u holda ham, bu holda ham qarshimizdagi yuhoning domiga tushib ketilajagini anglamadilar. Balki anglasalarda tashvishga qo’shilib nima qildim, endi uzoq turganim yaxshi degandek, o’zlarini chetga torta boshladilar. Ularni ham tushunish mumkin edi. Lekin demokrat deputatlar ozchilik bo’lsakda, hali chekinishni xayolga ham keltirmasdik. Bir eshik yopilsa, ikkinchisini ochishga urinardik.

Toyiba To’laganova esa׃

-Gazeta chiqarishning imkonini topolmasak, varaqa chiqaramiz, fikrlarimizni oddiy qog’ozga yozib tarqatamiz- derdi.

10. “XALQ SO’ZI”

Islom Karimov Xorazmga borganda shoir va ayni paytda viloyat partiya qo’mitasining ideologiya masalalari bo’yicha kotibi bo’lgan Erkin Samandarov katta yig’ilishda uning sharafiga she’r o’qidi. Oz qolsin Karimovni payg’ambar darajasiga ko’taradigan she’r edi. Televizorda Karimovning mamnun qiyofasini ko’rar ekanman, Erkin Samandarov “qushni urgani”niga shubha qilmadim. Zotan oradan ko’p o’tmay Karimov uni Bosh vazirning madaniyat masalasi bo’yicha o’rinbosari etib tayinladi.

Avvaliga ko’pchilik xursand bo’ldi. Nima bo’lganda ham shoir. Adiblarni quvontiradigan gap. Nima bo’lganda ham qo’shiqnavis. San’atkorlarni mamnun etadigan hol. Nima bo’lganda ham jurnalist. Ilgari “Xorazm Haqiqati” gazetasida ishlab etishgan. Demak, jurnalistlar uchun ham umid paydo bo’ldi.

Ammo Karimov usta ekan, so’yadigan ho’kizini sohibiga so’ydirarkan. Fe’l-xuyini biladi-da. Aks taqdirda shoxlab yoki tepib yuborsa o’ziga kelolmay qolishi mumkin.

Erkin Samandarov tez orada san’atkorlarning kushandasiga aylandi. Teatrlar, kontsertlar Karimovni ulug’laydigan sahnaga aylandi, ozgina mustaqil fikr aytishni istagan odam chetlashtirildi.

Erkin Samandarovning kimligini “Xalq so’zi “ gazetasiga qarshi qilgan hunarlaridan yaxshi bilaman. Ammo Karimov uning qo’lini qonga botirib, keyin haydab yubordi. Kimning qoniga deysizmi?

Karimov Oliy Majlisning o’z gazetasi bo’lishiga rozilik bergandan keyin shu borada bosh qotira boshladik. Hali tug’ilmagan bolaning otasi bo’lishni istaganlar ko’payib ketdi. Erkin Vohidov taniqli yozuvchi va jurnalist Nurali Qobulga va’da berib qo’yibdilar. Yo’lini topib buni Islom Karimovga ham aytibdilar.

Bir kuni Karimov menga:

-Jahongir, mana buni qarang, Erkin akangiz bilan Nurali bir…(so’kish kalimasini ishlatdi) ekan,-dedi.

Karimovning qo’lida Ismat Xushev redaktorlik qilayotgan “Hayot va Iqtisod” jurnali bor edi. Uni menga uzatdi. Olib qarasam, Nurali Qobulning hayot qiyinchiliklari haqida mulohazalari yozilgan maqolasi. Uning iqtisodiy kamchiliklar haqidagi joylari qizil qalam bilan chizilgan.

-Bu qachondan iqtisodni tushunadigan bo’ldi? U hali menga aql o’rgatadigan bo’ldimi? Uning burnini toshga ishqalab qo’yaman, hali. Ana u latta akangiz esa menga uni redaktorlikka tavsiya qilib yuribdi. Men sizning iltimosingiz bilan bu gazetaga rozi bo’lganman va bu ishni sizga topshirganman, boshqalarning qo’liga berib qo’ymang. O’zingiz bosh muharrir bo’ling yoki biror kishini toping,- dedi keskin ohangda Karimov.

Aslida bunday gazeta haqida iltimos qilgan emas edim, biz chiqarmoqchi bo’lgan gazetani to’xtatish uchun uning o’zi o’ylab topgan va gazetani bir idoraga bog’lab, nazoratini ushlab turmoqchi edi. Bosh muharrir bo’lishimga ham rozi emas edi. Zotan yo o’zingiz bo’ling, yoki birovni toping, deyishi shundan.

Jurnalistlar uyushmasi raisligiga saylanishimga tish-tirnog’i bilan qarshilik qilgan, mustaqil gazeta chiqarmoqchi bo’lganimiz uchun meni jazolashga buyurgan, hali yaqinda nomzodimni “Turkiston”(“Yosh leninchi”) gazetasi bosh muharrirligiga ko’rsatishganda ham oyoq tirab olgan Karimovning endi rozi bo’lishiga aslo ishonmas edim.

O’zbekiston komsomol qo’mitasining raisi Aziz Nosirov nomzodimga qarshilik qilgan ekan. “Yosh leninchi” rasmiyatan unga qarar edi. U bizning Oshkoralik qo’mitasining a’zosi bo’lgani uchun, chetga chaqirib, “Islom aka bilan munosabatingizni yaxshilab oling, sizga qarshilar” degan edi. O’shanda meni bosh muharrirlikka ko’rsatish taklifi kimdan chiqqan va nega men xabarsiz bo’lganimni keyin tushundim.

Oliy Kengashdan uzoqlashtirish uchun Raisning tavsiyasi bilan Erkin Vohidov ko’rsatgan ekan. Balki “Xalq so’zi”ga nomzodlar sonini qisqartirish ham nazarda tutilgan bo’lsa ajab emas. Lekin bu yog’i menga qorong’u.

Xullas, agar nomzodimga rozi bo’lganda Karimov shu ishga “surgun” qilardi.

Bir kuni “Xalq so’zi”ga O’zbekiston kommunistik partiyasining Markaziy komiteti Nomoz Sa’dullaevning nomzodini ko’rsatmoqchi ekanligini eshitib qoldim. U Oliy Kengashning Xalqaro masalalar qo’mitasida ishlardi. Uni yaxshi tanir edim. “Sovet O’zbekistoni” gazetasida birga ishlaganmiz. Qo’rqoqligi va xasdan ham hurkishi bilan redaktor o’rinbosari bo’lgan kezda qonimizni “ichgan”. Uni “edaktor o’yinbosari” deb orqavarotdan masxara qilishardi. Avval bo’lim mudiri edi. Qup-quruq, o’n sahifalik yozuvidan bir gap ham esingizda qolmaydigan texnokrat jurnalist edi. Buning ustiga partiya idorasining ishonilgan askari ekan, ozgina demokratiya boshlangach o’zi tug’ilib o’sgan Qo’shrabot tumanidan deputatlikka saylanib oldi. O’sha kezda jurnalistlarning orasida o’z qishlog’iga borib deputat bo’lib qaytish modaga aylangan edi. Shu bois meni ham bugunga qadar jomboylik deb o’ylashadi. Lekin Jomboydan emas, balki Samarqand tumanidanman.

Oliy Kengashda nima gap bo’lsa Nomoz Sa’dullaev borib partiya idorasiga aytadi, deb undan sir saqlashga urunilar edi. Shu bois Karimov shunday nomzodni qo’llashi turgan gap edi. Ba’zi mish-mishlarga qaraganda u o’zini Karimovga qarindosh, deb ham aytib yurar ekan. Bu qanchalik haqiqatga to’g’riligini bilmayman.

Shu bois Karimovning o’zi ham qarshilik qila olmaydigan yoki u ko’rsatgan nomzodning oldida ikki kalla baland bo’lgan odam topish haqida o’ylay boshladik. Uzoq o’ylab ham o’tirmadik. Bu odam Ahmadjon Muxtorov edi. Birinchidan, SSSR Xalq deputati, ikkinchidan kuchli jurnalist, bir o’zi bir gazetani chiqara olish qobiliyatiga ega, uchinchidan uni demokratiya tomon yo’naltirish oson, chunki shunga ochiq odam.

Bu nomzod haqida dastlab Toyiba To’laganovaga aytdim.

-Sizdan shu gap chiqqaniga hayronman,- deya qarshi bo’ldi u.-Bir marta xiyonat qilgan odam, yana xiyonat qilaveradi.

-U kishi keyin qilgan ishini tushundi, menga ustozlik qilgan bo’lsa ham kechirim so’radi. Moskvada sessiyalardagi chiqishlarini ko’rayapsizmi? U bugunning ruhi bilan yashamoqda. Agar biz uning qavatida tursak, kuchli gazeta tashkil qila olamiz,- dedim va uzoq tortishuvlardan keyin uni ko’ndirdim.

Qo’mitamizning qolgan a’zolari ham rozi bo’ldilar, chunki Ahmadjon Muxtorov Moskvada SSSR Oliy Kengashida Gdlyan guruhiga qarshi chiqishlari va “Qishloq Haqiqati” gazetasini hech kim o’qimaydigan ro’znomadan qidirib o’qiladigan nashrga aylantirganini yaxshi bilishardi. Lekin uning nomzodini biz ko’rsatsak, Karimovning o’tkazmasligi ham aniq edi. Shu bois Ahmadjon akaning o’zi bilan gaplashdim.

-O’zim ham gazeta ishidan yiroqlashib juda zerikdim,-dedi u kishi.

Uning rozi ekanligini his qilib:

-Shu ishni boshlab bersangiz mustaqil O’zbekiston parlamentining birinchi gazetasiga birinchi muharrir bo’lib tarixga kirasiz,-dedim,- qolaversa, boshlanishi qanday bo’lsa keyin uni sindirish qiyin bo’ladi va faqat siz bu gazetani xalq ro’znomasiga aylantira olasiz, Oliy Majlis, xususan bizning qo’mita sizning orqangizda turadi va O’zbekistonning erkin matbuotiga yo’l ochiladi. Lekin bu masalani Mirzaolim Ibrohimovga aytsangiz, u bilan yaqinsizlar. U tavsiya qilsa, balki Karimov ham yo’q demaydi.

-O’zimni-o’zim tavsiya qila olmayman,- dedi Ahmadjon aka,- buning ustiga Islom aka menga Moskvadagi deputatlarga raislik qilishni topshirmoqchi.

-Bu yaxshi imkoniyat,- dedim,- Karimovga sizdan uzoqda emas, siz bilan yonma-yon ishlayman, deysiz.

Ertasiga u kishi Moskvaga ketdi. Oradan ikki kun o’tib telefon qildi va:

-Mirzaolim aka shu erda, og’iz ochgandim, zo’r ish bo’ladi, dedilar.-Islom akaga ham o’zim aytaman, dedilar.

Shu kunlari Karimov bir yig’ilishda ismini aytmasdan Nurali Qobulni qatiq tandiq qildi. Gap uning jurnalda yozgani haqida borayotganini hamma tushundi. Chunki u qo’lida jurnalni tutgancha gapirgan edi. Aslida maqola juda yaxshi va odamlarning yuragidagi gaplar yozilgan edi.

Nurali Qobul xotini bilan ayrilgani uchun ham Karimov uni yoqtirmaydi, degan gaplar bor edi.

Ma’lumki, Jizzax gazetasida ishlab yurgan 27-28 yoshlardagi jurnalist Nurali Qobul Sharof Rashidovning jiyaniga uylangach, “O’zbekiston san’ati” jurnaliga bosh muharrir bo’lib keldi. Hamma uning kuyov bo’lgani bois rahbarlikka keldi, desa-da, lekin jurnal tubdan o’zgarib, odamlar qidirib o’qiydigan bo’lib qoldi.

U talantli edi. Uning gazetamizga bosh muharrir bo’lishiga qarshi emas edim. Iste’dodi bilan birga tashkilotchiligi ham bor edi. Jurnalda ishlab o’zini ko’rsata olgan, har turli shubhalarni engib chiqqan. Keyinchalik u Rashidovning jiyanini qo’yib yubordi. Uning “Muhabbat” deb nomlagan she’ri Sherali Jo’raev ijrosida mashhur bo’lib ketdi. Karimovga “Nurali Qobul Rashidovdan foydalanib, keyin jiyanini haydab yubordi va Rashidov o’lgach uni yomonlab roman yozdi” deb ham aytishgan ekan.

Xullas, Karimov unga nisbatan to’nini teskari kiyib olgandi. Ammo Nurali Qobul bunday bulutlarni bir zumda tarqatib yuboradigan iste’dodga ega edi. Masalan, mufti Muhammad Sodiq Muhammd Yusufni televideniega olib chiqib, Karimovni Allohning erdagi soyasi dedirib, saylov oldidan duo qildirib yubortirganda ko’pchilik hayratlanib qolishgan. Chunki o’z qarashiga ega, deb bilingan mufti o’shanda Nurali Qobulning “quli” bo’lib ko’ringan edi. Nurali Qobulni Karimovning maslahatchisi Mavlon Umurzoqov ham qo’llab quvvatlar edi. Lekin Karimov hammadan ham usta “o’yinchi” ekanligini o’sha kezda ko’pchilik bilmasdi.

Bir kuni Oliy majlis tanaffusida Karimovga:

-Islom aka, gazeta haqida va’da bergan edingiz, shuni tasdiqlatib bering endi,- dedim.

Shu payt Nurali Qobul kelib qoldi. Karimov “Bo’pti qaror loyihasini yozing” dedi. Hali qog’oz qidirgunimcha, Nurali Qobul qaror loyihasini yoza boshladi. Birgalashib gazetaga “Xalq so’zi” degan nom qo’ydik va sessiyada darhol bu haqda qaror qabul qilindi. Karimov Nurali Qobulga xayrirohdek ko’rindi, ammo sessiyadan chiqib vodiyga ketar ekan:

-U redaktor bo’lishi kerak emas, kerak bo’lsa o’zingiz oling bu ishni,- dedi.

Demak, u Nurali Qobulga kulib qaragan bilan ichida boshqa narsa o’ylayotgan ekan.

-Bilasizmi,-dedi u xuddi xayolimdan o’tganini uqib olgandek,- Xristos, bilmayman, uni sizlar nima deysizlar, uruslar Xristos deydi, dushmaningga ham kulib qara, degan.

Endi u Nurali Qobulning emas, kaminaning bosh muharrir bo’lishiga rozidek ko’rindi. Bizni dushmanlashtirmoqchi edi.

Karimov kommunistik ta’limotni juda yaxshi o’qigan. Bir gal Leninning “Partiya adabiyoti va partiya tashkiloti” degan maqolasini eslatganida, inqilob uchun eng avvalo gazeta kerak, degan gapni takrorlaganida bunga amin bo’lgan edim. Aslida bu gapni Lenin aytgan bilan boshqalar ham shu fikrda bo’lganlar, chunki xalqni bir yo’lga boshlash uchun minbar kerak. Eng yaxshi minbar esa gazeta, biz ham xalqni demokratiyaga yetaklash uchun gazetadan foydalanishni maqsad qilgandik.

Ammo Karimov bo’sh kelmasdi. U juda mohir va talantli. Ana shu mohirlik va talant faqat yomon tomonga yo’nalgandi. U maqsadga to’g’ri yo’l bilan ham borish mumkinligiga ishonmaydigan shaxs.

Ayni paytda hammani ahmoq deb, faqat o’zini aqlli hisoblar va shuning uchun ham hamma bilan o’yin o’ynardi. Uning o’yin o’ynaganini ko’plar bilib turishsada, mansabining hurmati bois musiqasiga yo’rg’alar edilar.

Bizda umumiy kayfiyat shunday edi. Oliy majlis yoki prezident devonining mashinasida ishga kelsangiz, militsioner qo’lini peshanasiga olib borib, “chest” beradi. Ammo piyoda o’tib ketsangiz hatto qayrilib ham qaramasdi. Uning sajdagohi temir mashina. Kimlargadir mansab ana shunday. Bu zehniyat butun qonimizga singib ketgan. Mansabdagi odamning orqasidan yugurish va u ishdan ketgach, undan yuz burish xalqimizni ma’naviy halokatga itqitgan illatlardan biridir. Ko’pchilik xalq nazdidan tushmaslik uchun mansabdan ayrilmaslikka harakat qiladi va har qanday o’yinga moslanadi. Buni tabiiyki Karimov yaxshi bilar edi.

Bizda har holda azaldan saroy nayranglari, saroy o’yinlari odat bo’lib qolgandi. Bu yerdagilar guruhlarga bo’linib shohning fel-atvoridan foydalanib, o’z ishlarini bitirar ekanlar. Masalan, Karimovga ertalab biri kirib falonchi yomon odam, siz haqingizda bo’lmag’ur gaplarni aytib yuribdi desa, Karimov bunga ishonmaydi. Ammo kelishgan guruh odamlari bu gapni Karimovga besh tomondan etkazishadi va kimningdir xonumoni barbod bo’lib ketadi. Boshqa guruhlar ham ayni hunarni qo’llashardi va o’rtada doimiy, ko’rinmas jang boradi.

Bir kuni Nurali Qobul:

-Uyda Ishtixondan kelgan yaxshi qovun bor, borib emaymizimi?-dedi.

Uning ikkinchi umr yo’ldoshi asli ishtixonlik bo’lgan shoira edi. Ular Markazkomning uyida yashardilar, ishxonaga yaqin joyda. Bordik. Qovun haqiqatdan ham asaldek ekan.

Lekin Nurali Qobul:

-Do’stim, saroy o’yinlarini bilmaysiz, bu yerda bir qancha guruhlar bor, ular ham Karimovga xizmat qiladilar, ham o’zlariga,-dedi.- Biz ham o’z guruhimizga ega bo’lishimiz kerak. Ammo boshqalardan farqimiz shu bo’ladiki, biz xalqqa xizmat qilamiz, Karimovni ham shunga bo’ysundiramiz.

Rozi bo’lishimni, lekin Karimov bizni qo’llanishi mumkinligini aytdim. U ro’yxat tuzdi va demokrat deputatlarni ham kiritib, Mavlon Umurzoqov bilan gaplashaman, deb ishga kirishib ketdi.

Aslida bu fikr Nurali Qobulda ilgaridan mavjud edi. Oldinroq ham Boymirza Hayitni vatanga taklif qilish haqida yozilgan xatga 41 deputat qo’l qo’yganda u “Shunday narsalar odamlarni saralab qo’yadi, Oliy Majlisda bir musht bo’lib ish qiladigan 41 erkak bor ekan, qolganlar tovuqday gap, qo’rqoq” degandi.

Xullas, Karimovning Nurali Qobulga qarshiligi, men haqimda ham fikri  boshqaligini va Nomoz Sa’dullaev kabi bittasini o’tkazib yuborishini bilganim uchun Mirzaolim akaning yoniga borib:

-Islom aka yangi bo’ladigan gazetaning bosh muharrirligini o’zingiz oling, dedilar. Ammo yoshman. Sizdan iltimos, o’zingiz shu joyga biror nomzod ko’rsating,- dedim hech narsani bilmaganday.

-Ahmadjon akangga nima deysan?-dedi u.

-Qarshi emasman,-dedim.

-O’zing uni ko’ndiribsanku,- deya muhim sirni ochgandek miyig’ida kuldi Mirzaolim aka. Shunda Ahmadjon akaning soddadilligi yodimga tushdi.

Rayosat majlisida nomzodlar masalasi ko’rilar ekan, Erkin aka Nurali Qobulni aytdi. Kimdir mening nomimni aytgandi, rad yettim va Mirzaolim aka:

-Ahmadjon Muxtorovga nima deysizlar?- degandi hamma qo’llab quvvatladi. Demak, Karimov rozi bo’libdi, deb o’yladim. Chunki Karimovdan izn olmasdan Mirzaolim aka bunday “mardlik” qila olmas edi.

Ahmadjon aka bosh muharrir etib tayinlandi va kadrlarni ishga olishdan tortib, gazetada qanday mavzular ko’tarilishiga qadar Oshkoralik qo’mitasi a’zolarining takliflarini inobatga olib ishlay boshladi. Gazetaning birinchi soni chiqishi katta voqeaga aylandi. Tez orada hamma “Xalq so’zi”ni o’qiydigan bo’ldi va ro’znoma chindan ham xalqning so’zi aytiladigan minbarga aylandi.

Ammo gazetaga qattiq bosim boshlandi. Birinchi sonlarida Toshkentdagi Markaziy univermag yonida turna qator navbat kutgan odamlar va orqadan navbatsiz narsa olib chiqib ketayotganlar haqida suratli material chiqqani bois Karimov telefon qilib, Ahmadjon akani qattiq koyib beribdi. Biz unga bosh kelmasligini aytib, qo’llab turdik. Bir kuni Ahmadjon aka ko’nglini ochib qoldi:

-Bu yerkin Samandarov degan odam nega ishimizga aralashadi? Gazetaning bevosita rahbari bo’lgan Oshkoralik qo’mitasi aralashmaydiyu hukumatning vakili nega xo’jayinlik qiladi? Axir u Bosh vazirning madaniyat masalasi bo’yicha o’rinbosari bo’lsa? Bizning gazetamiz Oliy Majlisniki? U har kun telefon qilib esnamni qotirmoqda.

Erkin Vohidovga aytsam, “Oqsoqolning gapi bilan aralashayotgandir, o’zicha bunday qilmaydi” dedi.

Erkin Samandarov bilan uchrashib, gap nimadaligini so’radim.

-Islom akam, bu odamni yo’qotib, o’rniga Abdusaid Ko’chimovni qo’yishimiz kerak, deyaptilar,- dedi u.

-Bo’pti, Islom aka bilan gaplashaman,-dedim unga.

-Menga u kishi emas, u kishining nomidan boshqa odam aytdi,- deb qoldi u chiqib ketar ekanman.

Ammo shu kuni Karimovning o’zi telefon qildi:

-Siz nima uchun Bosh vazir o’rinbosarining xonasiga bostirib kirib, unga do’q qilasiz? Qachon sizga Ko’chimov haqida gapirgan edim. Kim o’zi u Ko’chimov deganingiz? Ana u urgutlik bola emasmi?- deb qoldi.

Erkin Samandarovning suv kelmasdan ariqning oldini bog’laganiga “qoyil” qoldim. Uning har turli o’yinlarga usta ekanligini ko’p eshitgandim, lekin bunchalikka borishini taxmin qilmagandim. Bildimki, Ko’chimov haqidagi gap ham uning kallasidan chiqqan ekan. O’sha payt Ko’chimov haqida yaxshi gap aytsam, u ham bizniing “odam”ga aylanardi. Yomon gap aytsam, Karimovning odami bo’lardi.

Karimovning ajib odati bor. Bir kuni Oliy Majlisning qabulxonasida janjal bo’layotganining ustidan chiqib qoldim. Toshkent shahar ichki ishlar boshqarmasida ishlaydigan podpolkovnik Urayim Abdug’aniev “To’maris” xotin-qizlar tashkiloti a’zolarini haqorat qilayotgan ekan. Kelganimda u ulardan birining ko’kragidan ushlab olgandi. Aytishib qoldik. Unga o’zining ham onasi borligini eslatdim. Yaqiniga borsam, undan araq hidi anqimoqda.

-Vazifa vaqtida ham ichib olganingizdan keyin onalar ham ko’zingizga dushman bo’lib ko’rinadilar,- dedim unga.

-Siz ichib olgansiz,-dedi u ko’zimga tik qarab,- bular sizlarni haqorat qilishga kelishgan, siz bo’lsangiz taraflarini olayasiz?

-Ichib olganimda balki siz bilan adi-badi aytib o’tirmagan bo’lardim, bular xalq vakillari bilan uchrashuvga kelganlar va biz ularni eshitishimiz kerak.

-Bizga ularni emchagidan tortib chiqarib tashlash buyurilgan,- dedi u o’zligini yo’qotib.

Juda xafa bo’ldim. Oliy Majlis kotibiyati raisi Omon Olimjonovni chaqirtirib ayollarni qabul qildim. Lekin Urayimning harakatidan o’zimga kela olmadim.

Ertasiga majlisda so’zga chiqqanimda bu voqeani misol keltirib, bizga ishonib murojaat qilganlarga munosabat haqida gapirdim.

Karimov “Mast bo’lganimizda hamma narsa qo’shsha ko’rinadi” deya kesatdi.

Qizig’i shunda ediki, Karimovga xuddi mana shunaqa gaplar yoqardi. U bunday gaplarga ishonardi va har qancha o’zingizni oqlayman, deb urinishingiz behuda edi. Birovni yomon ko’rsa, u odam haqida faqat yomon gap eshitishni istardi. Yaxshi gap aytgan odamning xonumoni kuyib ketardi. Buni bilganlar Karimovning bu fe’lidan ustalik bilan foydalanishardi. Buning ustiga Karimovning birinchi xulosadan voz kechmasligini ham o’rganib olishgandi.

Urayim haqidagi gapni bir joyda aytishimni bilib, u kim orqalidir buni Karimovga etkazgan va meni mast holda ishimizga aralashdi, degani ham unga moydek yoqqan va mana endi uni o’zimga qarshi qo’llandi. O’shanda Karimov Urayimni jazolash o’rniga uni prezident devoniga ishga olgandi.

Ana shuni bilganim uchun ham ba’zan ayrim odamlar haqida gap ochilsa, indamay qo’ya qolardim. Shu bois Abdusaid Ko’chimov haqida ham indamadim.

Abdusaid Ko’chimovni “Lenun uchquni” gazetasida ishlaganidan bilaman. Uni “Mashhur shoirning qiziga uylanib, muharrir bo’lib oldi” deb yurishar edi. Bolalar shoiri edi. Bir kuni Samarqandga ketayoganimni aytsam, birga ketishni istadi va mashinada birga ketdik. Samarqandga etib borgach, uyda qoldim va akam uni Urgutga tashlab qaytdi.

-Bu bola uzoqqa ketadi,-dedi akam,-lekin undan ehtiyot bo’l. U do’stini ham o’ldirib, norvon qilib o’tadiganlardan, bir ikki savol berib bilib oldim.

E’tibor qilmadim. Keyinchalik prezident devonida ishlaganimda demokrat deputatlar bilan Karimovning oyda bir yuzma-yuz uchrashuvini tashkil qilar ekanman, bir kuni majlis tugagach, deputatlar Karimovga yana savol bera boshladilar. Abdusaid Ko’chimov ham bir narsa degan edi, Karimov uni qattiq so’kib yubordi. U boshini egib, inday turaverdi. Shundan bildimki, u Karimovga kerak kadrlardan ekan.

Haqiqatdan ham shunday bo’ldi. Bir muddat Erkin Samandarovga bo’lim mudiri, keyin davlat teleradio kompaniyasida radio bo’yicha o’rinbosar bo’ldi va raislikka tayinlandi. Bu joyda uzoq ishlash qiyin. Ammo Abdusaid uzoq ishladi. U Karimovning oyog’ini bosmaslik uchun har qanday ishga tayyorligini shu yillarda namoyish etdi. Xalqimizni siyosiy jihatdan manqurt bir vaziyatga solish uchun u tinmay kurashdi va qisman shuni ta’minladi ham. Xullas, gap u haqda emas. Gap Samandarovning makr-hiylasi haqida.

U Ahmadjon akani ishdan ketkazish uchun chin dildan kurashga kirishib ketdi. Bir kuni Karimovga bag’ishlangan dostonini chop etish uchun beribdi. Ahmadjon aka uni bizga ko’rsatib, “Nima qilamiz?”, dedilar.

-Juda katta, gazetabop emas, “Sharq yulduzi” jurnaliga bop ekan,- dedik.

Lekin Samandarov to’rtliklardan iborat madhiyanoma-dostonini Karimovga ko’rsatib, “Muxtorov maddohlikni yig’ishtiring, deb otib yubordi” deb aytibdi. Karimov bu gapni MXXning raisiga etkazibdi. U qo’shnimiz edi. Bir kuni ishga ketayotsam:

-Ahmadjon akaga ayting, hali ham kech emas, Samandarovning dostonini chop etsinlar, shu bilan ish bitishi mumkin,-dedi.

-Bir tiyinga qimmat doston-ku,- desam:

-Lekin Ahmadjon akaga qimmatga tushadiganga o’xshayapti,- dedi.

Shu kunlarda “Panorama” kinoteatrida O’zbekiston musulmonlar jamoasining saylov majlisi bo’ldi. Shu kuni “Xalq so’zi” gazetasida yozuvchi O’ktam Hakimalining “Olloh” degan maqolasi chiqqdi. Unda Musulmonlar idorasi Saudiya Arabistonidan hadyaga kelgan 1 millionta Quron kitobini odamlarga sovg’a qilmasdan pulga sotgani va pulini o’zlashtirgani qistirib o’tilgandi.

Musulmon delegatlarga “Bu gazeta bandani Xudo deb e’lon qildi” deb tushuntirishibdi. Maqola bosilganda O’ktam Hakimalining ismi yuqorida va sarlavha pastroqda bo’lgani bois bir qarashda “O’ktam Hakimali Xudo” degan gap chiqardi. Aslida esa “Xalq so’zi” hamma chet mualliflarning nomini yuqoridan berar edi. Qolaversa Xudo kalimasi katta harfalarda bo’lib, so’zlar bir-biridan uzoqda va ajratilgan holda edi.

Xullas, shu kuni Ahmadjon akadan uzr so’rashni talab qilishdi. Erkin Samandarov gazeta tahririyatiga kelib, Ahmadjon akaga “Yuring musulmonlar talab qilishmoqda, o’sha erda uzr so’raysiz, oqsoqol shunday dedilar”, deb olib boribdi. U erda musulmonlarni Ahmadjon akaga qayrab, gapni oz qolsin “U o’lganda janozasiz ko’milsin” degan fatvoga chiqarishga qadar olib borishgan.

Keyin Erkin Samandarov videotasmani tahrirdan o’tkazib, Karimovga qo’yib bergan va “Ahmadjon Muxtorovning diniy jamoa bilan aloqasi bor, mana ularning yig’ilishlarida ham so’zga chiqib yuribdi” degan. Uning uzr so’ragan joylari kesilib, boshqa gaplari qoldirilgan ekan.

Har holda bu amaliyot Erkin Samandarov bilan birga o’sha kezdagi diniy jamao peshvolarining “otasi” bo’lgan MXX raisi G’ulom Alievning hunari bo’lsa kerak. Shundan keyin Karimov Oliy Majlis raisiga (Bu paytda Ibrohimov ishdan olingan va o’rniga Shavkat YO’LDOSHEV keltirilgan edi) bosh muharrirni ishdan bo’shatish va gazetani Oliy kengash bilan birga Vazirlar mahkamasining ham nashri etib e’lon qilishni topshirgandi.

Biz bu harakatga qarshilik qildik. Gazeta xodimlari ish tashlash e’lon etdilar. Biz deputatlar ularning yoniga borib turdik. Muxolifatdan kelib uch kun shu erda turishdi. Karimov hech birimiz bilan gaplashgisi kelmas edi.

Ish tashlash davom etar ekan, Ahmadjon aka hali ham bularning orqasida Erkin Samandarov va Shavkat YO’LDOSHEV turganiga, Islom Karimovning bexabarligiga ishonardi. Islom Karimov esa o’zini olib qochib, hech ko’rinish bermas, telefonlarga yordamchisi “Kelsalar aytaman, safardalar” kabi javob berardi.

Uchinchi kun Karimov Ahmadjon akaning xonasiga telefon qildi. Ahmadjon aka Karimovning gapini eshitar ekan, qizarib ketdi va o’rnidan turdi.

-So’kmang, so’kmang, mening onam go’rda yotibdilar,- dedi, lekin Karimov allaqachon telefon go’shagini qo’ygan edi. Ahmadjon aka xo’rligi kelgan odamday yig’lab yubordi:

-U onamni haqorat qildi,- deya oldi faqat.

Shundan keyin ish tashlashlarning ham, bizning u erda turishimizning ham ma’nisi qolmadi. Ahmadjon aka ishdan qo’lini yuvib, qo’ltig’iga urdi va uyga qamalib oldi. Keyin ham u bu gapni uzoq esdan chiqara olmadi va faqat onasining ruhiga duo qilib, kechirim so’rab yurdi. Karimov esa unga oddiy ish berilishiga ham qarshilik qildi. Oxir oqibat O’zbekistonning zabardast jurnalisti miyaga qon quyilishidan o’ldi.

Bu Karimovning odamlarni o’ldirish usullaridan biri. Karimovning jallodi o’laroq Erkin Samandarovning ham qo’li qonga botdi. U birgina Ahmadjon akaning emas, balki yana ko’plarning qotiliga aylandi va bu haqda keyingi bo’limlarda to’xtalamiz.

Rahmatli Ahmadjon aka ishsiz yurgan kunlari katta daftarga boshidan o’tganlarini maqola tarzida yozardi. Bir kuni ko’zim tushib qoldi. To’rttasi Erkin Samandarov haqida ekan.

– Yaqin orada emin-erkin zamon keladi va bularni chop etaman,-degandi u. Ammo u hayot bo’lgan kunlari unday zamon kelmadi. Balki kelar, ammo u etmadi shunday kunlarga. Uning yozganlari qayerda qoldi ekan? Uni kelajak avlod o’qir ekanmi? Kimdir balki ularni saqlab qo’ygandir?

Shu bilan biz orzu qilgan “Xalq so’zi” ham bitdi. U endi hukumatning, to’g’rirog’i Karimovning so’ziga aylangan edi.

11.”BU XALQNING ONASINI…”

Oshkoralik qo’mitasi raisi, shoir Erkin Vohidov bilan Islom Karimovning ustidan kelgan shikoyatlar xususida suhbatlashib o’tirgandik. Har holda odamlar demokratiya, so’z erkinligi shamolini sezib qolishgandi.

Masalan,  namanganlik san’atkor-jurnalist Nosir Zokir qo’mitamizga yuborgan xatida: “Karimov uxlayotganga o’xshaydi. Dunyo oshkoralik haqida gapirib turgan paytda u oshkoralikni bo’g’moqda. Biz mustaqillik bayonoti bilan bog’liq bo’lgan gaplarni eshitdik. Lekin nega bu gaplarni halq bilmaydi?” deya yozgandi.

Yana kimdir Islom Karimov nomiga yozgan xati o’zi shikoyat qilgan odamning qo’liga tushganini bildirgan bo’lsa, boshqa birov Karimov o’zbek oltinlarini chetga chiqarayotgani haqidagi mish-mishlar tekshirilishini so’ragan. Bunday xatlar ustiga qizil belgilar qo’yilgandi. Ularni Erkin Vohidov  ko’rmaganday qilib, menga o’tkazardi. Ustiga “o’rganish, tekshirish yoki javob yozish” deb  bir jumla bitardi.

Shu kuni Oliy kengash haya’tining majlisi bor edi. Erkin aka majlisga chiqib ketdi.

Sessiyaga olib chiqishimiz kerak bo’lgan qonun loyihasi ustida ishlayotgan edim. Ammo xatlar ham tinchlik bermasdi. Ularni stolim ustiga qo’yib, bir reja tuza boshladim.

Bo’rini yo’qlasang qulog’i ko’rinadi, deydilar. Birdan eshik shiddat bilan ochildi. Islom Karimov, Oliy Kengash raisi Mirzaolim Ibrohimov, Bosh vazir Shukrilla Mirsaidov  kirib kelishdi. Eshik yonida iktisodiy islohot, sanoat, transport va yo’l qurilish qo’mitalari raislari va boshqalar. Orqaroqda huquq tartibot qo’mitasi rasi Erkin Xalilov jilmayib qarab turgandi.

Karimov salom-alikdan keyin stolning chetiga engilgina “ilashib” o’tirdi. Mening joyimga esa Bosh vazir “yoyildi”. Oliy Kengash raisi Ibrohimov esa, Erkin Vohidovga yaqinroq joyda qo’lini orqasiga qilib turardi. Hammalarining kayfiyati yaxshi. Bir ikki qochiriq gaplar aylandi o’rtada. Ular nimaga kirishganini o’ylar edim. Bir kun avval oynaijahonda “Deputat minbari” rukni bilan beriladigan kursatuvda sud tizimini, Oliy sud raisi Bobur Malikovni qattiq tanqid qilgandim. “Paxta ishi” bo’yicha umumiy avfga tushganlardan Oliy suddagilar katta miqdorda pora olib, shundan keyingina hujjatlarini rasmiylashtirmoqda”, degan shikoyatlar ko’p  edi. Shularni aytib, Oliy sudni keskin tanqid qilgandim. Karimov televidenieda bunday gaplar aytilishini yoqtirmasdi. Lekin hoizr xuddi  ko’nglimdagini o’qiganday:

-Kecha yaxshi gapiribsiz, televizorda,-deb qo’ydi.

Demak, ko’rmagan, kimdir qandaydir gap aytgan. Xonamizga kelishiga bu sabab emas. Balki u Oliy Kengashdagi ish sharoitlari bilan tanishish uchun kelgandir?

Xullas, savollar xayolimdan “g’irillab” o’tib turganda, Karimov stol ustidagi xatlarni qo’liga oldi.

Allohning kudratini qarang: bu xatlarni olib borib, “O’qing”, deb iltimos qilganda ham u qo’liga olmasdi.  Kutilmaganda o’zi kirib kelib, o’zi haqida yozilgan shikoyatlar, norozilik xatlarini o’qimoqda. Avvaliga engil tortdim. Keyin negadir ko’nglim g’ashlandi. Xuddi, Karimovning ustidan hujjat to’playotganga o’xshab qoldim-mi, deb o’yladim. Chunki uning qo’lidagi barcha maktublarda odamlar Oshkoralik qo’mitasi fosh etadi, deya yozishayotgandi, shekilli. Qolaversa, boshqa respublikalarda yuz berayotgan oshkoralik ularni ham qitiqlayotgani sezilib turardi.

Karimovning avzoyi buzildi. Buni sezgan sheriklari jim bo’lib qolishdi.

-Sizlar shikoyat tekshirish bilan bosh qotirmanglar! Pastda xatlar bo’limi bor, o’sha yerga kerakli joyga qaytarib jo’nataversin,- dedi u va o’qishda davom etdi.

Ikki-uch xatni o’qigandan keyin shartta o’rnidan turdi-da:

-He, bu nonkur xalqning onasini…! – deya so’kinib, qo’lidagi xatlarni o’rtasidan yirtib, axlat qutisiga otib, chiqib ketdi. Qolganlar ham uning orqasidan tashqariga yugurdilar.

Og’ir ahvolda qoldik. Karimov halq barobarida bizni ham haqorat qildi. Erkin aka tortmasidan asabni sokinlashtiradigan doridan olib ichdi. So’ng sigaret so’radi-da, chiqib ketdi. Shu payt qo’mita kotibasi Toyiba kirib keldi.

-Nima gap? -dedi u.

Indamadim.

-Nega rangingiz oqarib ketgan? – deb so’radi u.

-Karimov butun xalqni, hammamizni haqoratlab ketdi, – dedim.

Keyin bor gapni aytib berdim.

-Dahshat-ku! – dedi Toyiba, – qanday chidab o’tiribsizlar?! Biror chorasini ko’rish kerak!

-Nima qilamiz? Orqasidan yugurib borib, javoban so’kish kerakmi?

-Imkoniyatingiz ko’p, halqqa ma’lum qilish kerak!

Xalqqa qanday qilib ma’lum qilishni o’yladik. Nihoyat, Matbuot konferentsiyasi o’tkazish kerak, degan fikrga keldik.

Bir kun oldin Toshkent shahar jurnalistlar uyushmasidan qo’ng’iroq qilib, “Oshkoralik qo’mitasi rahbarlari bilan qalam ahlining uchrashuvini tashkil qilsak” deyishgandi. Qo’l keldi, darrov uyushmaga sim qoqib, ertaga peshin chog’i vaqtimiz borligini ma’lum qildik. Keyin o’zimiz bosh muharrirlarga, muxolifat liderlariga, faollarga, diniy idoraga ham telefon qilib, vakillari qatnashishini so’radik.

Ertasiga Erkin aka:

-Salomatligim yomon, do’xtirga ko’rinishim kerak edi, sizlar o’tkazaveringlar,- dedi.

-Siz bormasangiz bo’lmaydi, – deb turib oldik.

Xullas, “Mayli, etib kelaman” dedi u.

Uchrashuvni Jurnalistlar uyushmasi Toshkent shahar kengashining raisi ochdi.

Oshkoralik qo’mitasi faoliyati haqida gapirdim. So’ng:

-Yaqinda rahbarimiz ishxonamizga kelib, tasodifan shikoyat xatlarini ko’rib qoldi. Aksariyat xatlar uning faoliyati haqida edi. Shunda xatlarni o’qib, yirtib, axlat qutisiga otdi-da “Bu nonkur xalqning onasini…!”, – deb haqoratladi, – deya voqeani hikoya qila boshladim.

Bu gapni eshitgan ziyolilar oyoqqa qalqib ketadi, balki matbuot uyidan Karimovning devoniga qarab yurish boshlashar, deb o’ylagandim. Umuman bu gapni oshkor qilishga ko’p istiola qilgandim. Katta to’s-to’polon boshlanadi, muxbirlar gazetaga yozishadi, odamlar oyoqqa turadi, degan xayolga borgandim. Chunki mushtga yoki kaltakka chidash mumkin, lekin “onangni…” degan haqoratga chidash mumkin emas, deb tushunardim. Shu sabab, butun vujudimni mas’uliyat, yuz beradigan voqealar uchun mas’uliyat yuki bosgandi. Hali gapiradigan gapim oxiriga etmasdan, ERK partiyasi kotibi Abdulhay Abdumavlonov o’tirgan joyidan baqirdi:

-Ismini ayting, qani oshkoralik, nega xaspo’shlab gapirasiz!

Xayolimdan “ana boshlandi” degan gap o’tdi.

-Ismini aytmasam ham kimligini sezib turibsizlar. Kim bo’lardi, prezident Karimov-da, – dedim.

O’tirganlarga qarasam, umumiy loqaydlik ruhi hukmron. Birov ajablanmadi ham, birovning jahli chiqmadi ham. Millatning gullari – oydinlar, shoirlar, kurashchilar… Ularni birdan qo’rquv bosdimi? Yoki avvaldan qo’rqoqmidilar? Balki qulliklarini tan olgan qullarmi bular? Xullas, na dindorlar va na maydonlarda xalqning oldida boradigan faollar ham bir so’z demadilar. Baqirib savol bergan Abdulhay ham negadir jimib qoldi.

Tashqarida voqeaning bu sahnasi o’tishini poylab o’tirgan ekanmi, bir ozdan keyin  Erkin aka kirib keldi. Unga “Yurtda diktatura boshlandimi?” degan savol tushdi. U diktatura nima ekanligini, bizda esa uning belgilari hali ko’rinmayotganini tushuntirib berdi. So’ng Toyiba so’zga chiqdi. U ancha dadil gapirdi. Haqiqatni ochib tashladi.

-Menga qiyin, – dedi Erkin aka. – Ilgari Jahongir gapirganda uning so’zlarini andavalab turishga to’g’ri kelardi, endi Toyiba xonimnikini ham tekislashim kerak.

O’rinsiz “askiya” va o’rinsiz kulgi bo’ldi. Uchrashuv kechga yaqin yakunlandi. Uy-uyga tarqaldik.

Ertalab ishga kelsam, doim soat 10-11dan keyin ko’rinadigan Erkin aka hali soat to’qqiz bo’lmasidan xonada sigaret tutatib o’tirardi. U kashanda emas, lekin ba’zida  tutatib qolardi. Salom-alik sovuq bo’ldi.

-Kechqurun oqsoqol uyga telefon qildilar, – dedi u har doimgidek Karimovni “oqsoqol” bilan almashtirib. – Men unaqa gap aytganim yo’q, bunday deguncha o’zimni otmaymanmi, dedilar. Ismat Xushev borib hamma gapni aytib beribdi. Allaqachon undan shikoyat ham yozdirib olishibdi. Qamatmasam qo’ymayman, deyaptilar. Nahotki majlisda men kelgunga qadar shuncha gap bo’ldi? Xullas, osmon uzilib yerga tushgan, aytganim yo’q, dedilar.

-O’zingiz eshitdingiz-ku?!-dedim  hayratda qolib.

-Kengash raisi bir narsalar gapirib turuvdi menga. O’shanga eshitmay qolgan bo’lsam kerak. O’zi, rostdan ham shunday deganmidilar?-Erkin aka bolalarga xos samimiyat bilan tikilib qoldi.

Uyga toldim. Xayolga botganimni Erkin aka boshqacha tushundi, shekilli:

-Hozir nima bo’lsa ham olovni o’chirish kerak,-dedi.-Borib oqsoqolga uzr, deb qo’yish kerak. Bo’lmasa, hamma narsa teskari aylanib ketadi…

Allaqachon, hamma narsa teskari aylanib ketgandi. O’zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komiteti qo’mitasi “Islom Karimovning sha’nini himoya qilish uchun Jahongir Mamatovni sudga berish kerak”, degan qarorga kelgandi. Shu kuni kechga yaqin Markazqo’m ikkinchi kotibi chaqirayotganini aytishdi. Borsam, tashkiliy bo’lim mudiri kutib oldi.

-Oldin ikkalamiz suhbatlashsak, nima bo’lganda ham hamkasbmiz. Keyin u kishiga kirasiz, – dedi u.

Mudir mashinkada yozilgan olti-yetti sahifalik xatni o’qib, keyin menga savol bera boshladi.

-Bu savolni Ismat Xushevga berasiz, – dedim.

Ismat jurnalistlar orasida “Karimovning ayg’oqchisi” nomini olgandi.

-Nega?- deb ajablangandek so’radi mudir.

-Chunki qo’lingizdagini u yozgan.

-Qayerdan bildingiz u yozganini?

-Oxirgi sahifasini teskari ushlab qolibsiz, shundan,-dedim aslida Ismat Xushevning prezidentga borib aytganini  Erkin akadan eshitganimni bildirmay.

-I, i, – u darrov sahifalarni to’g’rilab oldi.

-Ammo, rahmat, nima bo’lganda ham hamkasbsiz-da, sotqin kimligini sezdirib qo’ydingiz, – dedim.

-Bu sotqinlik emas, bu yurtni, Vatanni sevish belgisi.

-Yurt, Vatan faqat Karimovdan iborat bo’lsa, aslo sevmadik!

Keyin u men saylangan Jomboy tumani birinchi kotibining imzosi bilan kelgan shoshilinchnomani ko’rsatdi.

-Xalq ham sizdan norozi,-dedi u shoshilinchnomani o’qib.

-Bechora xalq telegramma yuborsa, bir oyda ham etib kelmaydi .Buni qush bilan yuborishgan shekilli, bir kunda qo’lingizga tegibdi. Topshirig’ingizni vaqtida bajarishibdi, – kinoya kildim men.

-Bilasizmi, men sizni anchadan beri kuzataman. Ilgari doim tanqidiy maqolalar, fel’etonlar  yozardingiz. Depuat bo’lib ham doim kamchilik qidirasiz. Umuman, shunday dunyoqarashdagi kishi uchun bora – bora hamma narsa nuqsonli ko’rinadi. Bu ham bir xastalik. Shunga iqror bo’lsangiz, davolanishga yordam beramiz,  sud tashvishidan ham qutulasiz, – dedi u.

Kuldim:

-Balki, shundaydir,-dedim.-Sizlarning ko’zlaringizga hamma narsa yaxshi bo’lib ko’rinadi. Hammayoq to’kin – sochin, muammo yo’q. Bu holda davolashni bu idoradagilardan, jumladan oqsoqoldan, partiya rahbarlaringiz va o’zingizdan boshlamoq kerak. Sudga kelsak, nima qilamiz, osmon qo’lingizda, tashlab yuboravering!  Lekin Sovet davridagi kabi  tanqid qilganlarni ruhiy xastaxonaga tiqib qo’yish payti o’tib ketdi,-dedimda mudirning eshigini yopib chiqib ketdim-u ko’nglim tinchimadi. Mudir “yuqoriga chiqishimiz kerak” degancha qoldi.

Tashqariga chiqarkanman, negadir o’zimni yolg’iz his kildim. Asablarim chatnay boshlaganga o’xshab tuyuldi. Uygacha piyoda keldim.

“Voqea” tafsiloti darhol Karimovga etib borgan shekilli, ertasigayoq Oshkoralik qo’mitasi faoliyatini taftish qilish boshlandi. To’g’rirog’i men va Toyibaning “daftar, qalamlari”ni tekshirishga kirishildi. Ko’p o’tmay Oshkoralik qo’mitasining favqulodda majlisi belgilandi. Majlisdan bir kun oldin deputatalar Karimovning huzurida “maslahat”, “topshiriq” oldilar.

O’zbekiston radiosining Moskvadagi muxbiri Raimjon Sultonov bilan yana ikki kishi Karimov qabulidan keyin oldimga kelishdi.

-Hamma bilan uning o’zi alohida gaplashmoqda, kimga ish, kimga mashina va’da qilinmoqda. Agar siz va Toyibani quvmasak, qo’mita ham yopilarkan,- dedi Raimjon.

U jasoratli jurnalist. Adolatsizlik qarshisida chiday olmas edi. Ammo keyinchalik o’n gulidan bir guli ham ochilmagan o’g’lidan ajralib qolgach, negadir jamoat ishlaridan ham uzoqlashdi. Uni tushunish mumkin. Bunday kezda odamning ko’ngliga boshqa dard sig’maydi. Xullas, o’shanda Raimjon va boshqalar majlisda mahkam turadigan bo’lishdi.

Majlis kuni Oliy Kengash qo’mitalaridagi deputatlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari ham ishtirok etish uchun to’planishdi. Oliy Kengash raisining o’rinbosari Bugrov ularga “javob” berib, majlis yopiq o’tishini aytdi. Ba’zi millatvakillari qatnashamiz, deb zaldan o’rin olishdi. Lekin ularni ham chiqarib yuborishdi.

Majlis “sovuq” boshlandi. Bugrov majlisni rus tilida olib borishni taklif qildi.

-Bu O’zbekistonning Til haqidagi qonuniga ziddir, agar majlisda qatnashganlardan ko’pchiligi rus bo’lganda balki buni o’ylab ko’rgan bo’lardik, lekin, bitta rus bor, u ham saylanayotgan paytda sessiyada  o’zbekcha gapirgandi,- dedim .

-Endi o’rganayaptilar,-dedi Erkin aka.

Xullas, majlisni rus tilida o’tkazishga yo’l bermadik. Qo’mitaning hamma sohaga aralashayotgani, umuman Oliy majlis hukumat ishlariga aralashmasligi, partiyani hurmat qilishi kerakligi haqida gapirildi. Uzoq tortishdik. Karimov bir necha bo’lakka bo’linib, bir necha kishining ichiga kirib olgan kabi bir xil gaplar aytila boshlandi. O’zbekiston Komsomol komitetining birinchi kotibi Aziz Nosirov “Islom Karimov bu xalqni sevishi va xalq ham uni sevganini” aytib, biz unga tuhmat qilayotganimizga to’xtaldi.

Kompartiya Ideologiya  bo’yicha kotibi Jahongir Hamidov ham shu masalada so’z yuritdi. Toshloq tuman  prokurori, shu majlisdan keyin  ko’p o’tmay Toshloq tuman hokimi bo’lgan Qahramon Sotiboldiev ham ularning safida edi.

Oxirida qo’mita raisining o’rinbosari va qo’mita kotibini bo’shatish kerak, degan masala o’rtaga qo’yildi. Ovozga berilganda men bitta ovoz ko’p olganim uchun qoldim. Chunki Erkin aka menga qarshi ovoz bermadi.  Navbat Toyibaga kelganda ham yana qo’mita ikkiga bo’lindi. Bugrov Erkin akaga:

-Agar bularni bo’shatmasak, qo’mitani yopamiz,-dedi.- Topshiriq shunaqa!

Bunga Toyiba darhol javob qildi:

-Topshiriq qayerdan? Yana o’sha kommunistik idoradanmi? O’lgan o’likdan qanday qilib sado chiqdi ekan?

Erkin aka shartta o’rnidan turdi-da ruschalab:

-Biz uchun muqaddas bo’lgan idorani haqorat qilishga hech kimnning haqqi yo’q,-dedi. Keyin o’zbekchalab, – Men Toyibaxonning bunday haqoratini qabul qila olmayman va unga qarshi ovoz beraman,- dedi.

Dunyoning ishlari qiziq ekan. Erkin aka “ERK”ning 1990 yil Aprel oyidagi qurultoyida qatnashib, partiyaning bosh hakami etib saylangandi. Kommunistik partiyadan chiqishga so’z bergandi. Ammo ikki partiyaning a’zosi bo’lib qolaverdi.

Kunlarning birida ertalab hovliqib kirib keldi.

-Bu Ismat Xushev deganlari kim o’zi?- dedi.

-Nima bo’libdi?- deb so’radim .

-Bittasining nomidan menga qarshi maqola yozibdi, jurnalining yangi sonida chiqayotgan ekan, shuni  to’xtatish kerak.

-Agar bo’hton-mo’hton bo’lsa siz ham javob yozasiz, lekin Oshkoralik qo’mitasi bo’la turib qanday qilib,  ana u maqolani to’xtat, deb aytamiz? dedim.

Gapim yoqmadi, chiqib ketdilar, keyin bilsam Oliy Kengash raisiga kiribdilar, u “Prezidentga aytish kerak” debdi.

Xullas, Ismat Xushev bosh muharrir bo’lgan “Hayot va Iqtisod” jurnalidan Erkin aka haqida yozilgan narsa olib tashlanibdi.

Bir kun  xat keldi va unda “Sizlar qanday qilib oshkoralik kurashchilari bo’lasizlar?” deb yozilgan va  jurnaldan olib qolingan maqolaning “Grankasi”- xomakisi qo’shib yuborilgandi. O’qib ko’rsam, maqola ham emas, bir o’quvchining savol tarzidagi maktubi, unda Erkin Vohidovning ERK partiyasi qurultoyidagi va “Turkiston” ro’znomasidagi gapi eslatilib, KPSS dan qachon chiqadilar, deb so’ralgan ekan. Erkin akaga shunga shuncha vahima qildingizmi, faqat savol ekan-ku, desam “Bilmasam, jurnaldagi ukalardan biri kelib vahima qilgandi-da” deb qo’ya qoldilar.

Bir kuni Abdulla Oripovni Kompartiyani “Najot qal’asi”  deb yozgan she’ri uchun masxara qilib gapirgandilar. Mana endi Sovet Ittifoqi emirilib borayotgan bir paytda bu idorani “muqaddas dargoh” deya baralla aytmoqdalar.

Erkin aka Toyibaga qarshi ovoz berdim, deyishlari bilan u majlisdan yig’lab chiqib ketdi. Hammaning ko’ngli buzildi va Bugrovning “Mamatov masalasini qayta ovozga qo’yaylik” degan gapiga Raimjon Sultonov “Bu yer bolalar bog’chasi emaski, hamma narsani o’yinga aylantirsangizlar” deb javob qildi.

Majlis tugab, chiqib ketayotganimizda Raimjon Sultonovni Karimov chaqirayotganini aytishdi.

Arbob arbobda, yo’lini topadi. Ko’p o’tmay qo’mitani “qisqartirib” turishga qaror berishdi. Jahongir Mamatov ketsa, qo’mitani yana tiklashlarini aytib Erkin akani ishontirishibdi. Shu sabab qo’mita qisqarishi masalasiga  Erkin aka hech qanday  munosabat bildirmadilar. Qo’mita yopildi.

Bizni jo’natib, qo’mitani qayta ochishdi. Erkin Vohidov yana rais,  kaminaning o’rniga Madaniyat qo’mitasidan jurnalist Karim Bahriev va Toyibaning o’rniga boshqa bir qo’mitadan “Karimovning ayg’oqchisi”  nomini olgan Nomoz Sa’dullaev  keltirildi.

12.OSHKORALIK

Nega bizni g’ayriqonuniy tarzda bo’shatishdi? Faqat Karimovning xalqni so’kkanini oshkor qilganimiz uchunmi? Yo’q, bu jahllarni chiqargan oxirgi tomchi edi, xolos. Ungacha ham  anchagina “xato”lar qilgandik.

Kim bilsin, hamma narsani matbuot, oshkoralik hal qiladi, deb o’ylar edim. SSSRning yiqilishini ham ana shu kuchdan, deb bilaman. So’nggi prezident Mixail Gorbachev matbuotga erkinlik berishi bilan  ommaviy axborot vositalari xalqning oshkora fikr aytish minbariga aylandi va qisman bo’lsada erkin saylovlarga yo’l ochildi.

Boshqa jumhuriyatlarda matbuot va milliy harakatlar kuchli bo’lgani bois erkinlikning maydoni ham keng bo’ldi. Bizda esa Kommunistik partiya jilovga mahkam yopishib olgan va jon berishi amri mahol edi. Bu hol saylovlarga ham o’z ta’sirini urmay qolmadi. Ammo boshqa joylardagi harakatlardan ilhomlangan odamlar yakka tartibda bo’lsada o’z nomzodlarini ilgari surib, saylovning ilgaridan belgilangan qoidasini buza boshladilar. Ba’zi joylarda xalq junbushga kelgan edi. Chunki matbuot ham xuddi ana shunday ko’rinishda,  ba’zilari kurashchan va ba’zilari tsenzuraning quyuq soyasida qolgandi.

Shu bois ham saylovdagi dasturimda O’zbekistonda “Oshkoralikka keng yo’l ochish masalasiga diqqat qarataman”, degan vazifani oldimga qo’ygan edim.

Yuqorida aytganimdek, SSSRning boshqa joylariga nisbatan oshkoralik bizda juda sust edi. Qarshilik esa juda kuchli. Gazetalarda chiqqan har bir tanqidiy maqola xalq orasida voqeaga aylansa-da ayni paytda unga ko’rsatilgan qarshilik ham katta voqea edi.

1990 yilda tuzilgan Oshkoralik qo’mitasi  qisqa vaqtdai Oliy kengashning eng  yetakchi va ayni paytda Karimovning eng boshini og’ritgan qo’mitasiga aylandi. Qo’mita a’zolarining ko’pchiligi mustaqil saylangan deputatlardan tashkil topgandi. Chunki kommunistik partiya ro’yxatidan saylanganlarni oldindan turli komissiyalar ro’yxatiga kiritishgan va “o’zboshimchalar” chetda qolishgandi. Yangi qo’mita tuzilgandan keyin ularga yo’l ochilgandi. Oddiy odamlar mayli, hatto deputatlar ham arz dodlarini shu qo’mitaga aytadigan bo’lishdi. Lekin Erkin aka negadir tish-tirnog’i bilan masalalarni yopib yuborishga intilardi.

…Farg’onalik deputat, dramaturg Inomjon Tursunovni Toshkent mehmonxonasida mirshablar do’pposlaganini eshitganimizda darhol qo’mitaning majlisini chaqirdik. Ammo Erkin aka:

-Bu masalaning bizga daxli yo’q, qonunchilik qo’mitasi ko’rishi kerak,-dedilar.

-Ular ham ko’rishsin, ammo biz ham o’z munosabatimizni bildirishimiz zarur,-dedik.

Qo’mita to’planadigan kun Erkin akaning umr yo’ldoshi Gulchehra opa telefon qilib:

-U kishi kasal bo’lib qoldilar… akangizni ehtiyot qilinglar,-dedi.

Majlisga raislik qildim va matbuot vositalaridan vakillar chaqirib  masalani yoritishni so’radik. Lekin kechqurun televidenie ham, radio ham, ertasiga gazetalar ham qo’mita majlisi o’tgani haqida xabar bergan bo’lsalarda Inomjon Tursunov masalasini chetlagan edilar. Radiotelevidenie qo’mitasi raisi Ganja Yoqubovga telefon qildim:

-Erkin akam bilan gaplashsangiz bo’larmidi, kecha xabarni u kishining o’zlari tahrir qilib berganlar,-dedi u.

-Kecha u kishi ishga chiqqanlari yo’k-ku?!-ajablandim men.

-Buning uchun ishga chiqishning keragi yo’q, uydan turib ham ruxsat berish mumkin…,- dedi Ganja Yoqubov va kurashimiz oson kechmasligi haqida gapirdi hamda televidenieda “Deputat minbari” ruknini tashkil  qilish haqida taklif qildi. Shundan bildim-ki u odam ham islohotlar tarafdori va  xabarni tahrir qilish  uning tashabbusi emas…

Bir kuni qashqadaryolik deputat Murod Jo’raev xat tashlab ketdi. U Muborak shahrida ishlayotgan mustaqil televidenie yopib qo’yilgani, oshkoralik bo’g’ilgani haqida yozgandi. Tekshirishga boraman, desam, Erkin aka:

-Bu juda ham muhim masala ekan, oqsoqol bilan maslahatlashib, o’zim borib kelaman,-dedi.

Lekin doim  bir muammoni ro’kach qilib, masalani orqaga tashlayverdi. Murod Jo’raev yana kelib ketdi. Qo’mitaning bo’lajak majlisi kun tartibiga bu masalani kiritishni talab qildim va o’zim Muborakka borib keldim. Erkin aka negadir hech narsa demadi. Voqealarni aytib bergandimda achinish bilan tingladi va tadbir olish kerakligiga ishora qildi. Shundan keyin qo’mita majlisi uchun hisobot tayyorladim. Ammo muhokama kuni Erkin aka kelmay qoldi. Uyidan telefon qilishdi.

-Qon bosimlari oshib ketgan. Nega buncha azob berasizlar,- dedi umr yo’ldoshi.

Majlisga Murod Jo’raevning o’zini ham taklif qilgan edik. Ammo kelmadi. O’sha kun deputatlarning tashabbus guruhida ham bu masalani qo’ygandik. Unga ham kelmadi. Eshitsak,  u saharlab yo’lga chiqishi oldidan yotgan uyiga kimdir miltiqdan o’q otgan va u yotoqda bo’lmagani, yo’lga chiqish uchun hozirlanayotgani bois tirik qolgan. Oshkoralik qo’mitasining bu boradagi norozilik bayonotini tayyorladik  va aksar deputatlar qo’l qo’yishdi. Tag’in matbuotda berilmadi. Surishtirsak, Erkin akadan izn olishgan ekan…

Bularga qaramay asosiy vaqtimni “Matbuot haqida”gi qonun loyihasini tayyorlashga sarflar edim. Boltiq bo’yi jumhuriyatlarida qabul qilingan qonunlarni va ba’zi G’arb davlatlarining bu boradagi hujjatlarini o’rganib o’zimizning loyihani tayyorladim. Keyin o’qib chiqish uchun Erkin Vohidovga berdim. Loyihani u kishi doim qo’lida olib yurdi. Ish joyida ham unga termulib o’tirardi. Bir kuni qaytib berdi. Qarasam, men yozgan loyiha o’rnida mutlaqo boshqa narsa:

-Bu nima?-dedim Erkin akaga.

-Oliy Kengash apparatidagi huquqshunoslar ko’rib chiqishdi va amaldagi qonunlarga zid bo’lmasligi uchun  biroz tuzatishdi.

-Bu tuzatilgan emas,  butunlay boshqa narsa-ku?!

-Bilasizmi, qonun yozishning o’z tili bo’ladi va o’z mutaxassislari bor. Ular ham bir variant tayyorlashgan ekan, men shuni qabul qildim.

-Faqat o’zim yozganim yo’q, huquqshunoslar, jurnalistlar va boshqa ekspertlarni ham jalb qilganimni bilasiz-ku?

-Bilaman, bilaman, lekin ertaga loyihamiz sessiyadaan qaytmasligi uchun ularnikini olaylik va o’shanga tuzatishlar kiritaylik.

Uzoq tortishdik. Oxiri ikki variant ham qolaversin, degan nuqtaga keldik. Chunki oldinda qo’mitamiz majlisi, qo’mita a’zolarining va boshqa qo’mitalarning takliflari ham bor edi. Qo’mitamizning majlisida bo’lgan gaplarni aytishimni Erkin akaga bildirdim. Shu boismi u kishi yana majlisga kelmadi.  Biz o’zimiz tayyorlagan loyihani qabul qilib, kengaytirilgan majlis o’tkazish, unga barcha muharrirlar, qiziqqan jurnalistlar, mutaxassislar va boshqa qo’mitalardan deputatlarni taklif qilish haqida gaplashdik.

Shundan keyin Karimov chaqirdi.

-Erkin Vohidov latta chiqib qoldi-ku?- dedi u,- doim majlis o’tkazadigan kunlaringiz  kasal bo’lib qoladi.

-Aslida ham biroz kasalman odam,-dedim .

-Bizning bolalar bir qonun loyihasi tayyorlagan edi, o’zim ko’rib chiqib unga bergandim, lekin negadir uni qoldirib yuborishibdi-mi?

-Bizga u loyihani sizdan emas, Oliy kengash apparatidan keldi, deb aytishgandi.

-Apparatdagilar sizlarning xizmatkoringiz. Ularning qonun taklif qilish haqqi yo’q. Bu haq menda  va sizlarda bor.

Ish-ishdan, g’isht qolipdan ko’chganini, endi orqaga yurib bo’lmasligini aytdim.

-Kerak bo’lsa qonun qabul qilingandan keyin ham uni e’lon etgunga qadar qayta yozib chiqishimiz mumkin, o’shandan keyingina qo’l qo’yaman, buni nazarda tutinglar,- dedi Karimov.

Ammo Karimov aytganidek bo’lmadi. Biz mahkam turdik va qonun loyihasidagi asosiy printsiplarni saqlab qoldik. Hatto o’sha ilk qonunda “O’zbekistonda tsenzura bekor qilinadi” degan moddani ham saqlab qoldik. Lekin Karimov qonunni imzolagan bo’lsada, unga rioya qilmadi, matbuotga erkinlik bermadi.

…Bir kuni Shovruq Ro’zimurodov kirib keldi.

-Mening ustimdan jinoiy ish ochishibdi,-dedi u.

-Nega?-deb so’radik

-Bahona qilishayapti, birovga uy olishida yordam qilgansan, deb. Agar deputat yordam qilmasa kim yordam qiladi?

Erkin aka Shovruqni diqqat bilan eshitti. Uning hamma gaplariga qo’shildi va kerak bo’lsa Oliy Kengash hay’atida masalani ko’tarishi, hatto Prezident bilan ham gaplashajagini aytdi. Shovruq chiqib ketgandan keyin:

-Bu birinchi sessiyada Prezidentga qarshi chiqqan bola emas-mi? Anchagina savodsiz ko’rinadi-mi?,- dedi.

Oradan ko’p otmay Shovruqni qamashdi va bir kuni Oliy Kengash hay’atiga muhokama qilish uchun olib kelishganda biz deputatni qo’lida zanjir bilan olib yurilishiga qarshi isyon qildik. Erkin aka indamay o’tirdi. Keyin ranjiganimni sezdi shekilli:

-Befoyda, hammasi befoyda, uning taqdirini hal qilib qo’yishgan, yosh yigit ekan, juvonmarg bo’lib ketmoqda,-dedi.

Biz sessiyada Shovruq masalasini ko’targan kunimiz ham Erkin Vohidov miq etmay o’tirdi .U kishi haddan ziyod “madaniyatli” odam.  Masalan, tushga chiqqanimizda, xonaga qaytar ekanmiz, liftning eshigi ochilsa:

-Qani, qani, marhamat!-deb turaverardi va  uni hurmat qilganlar ham chekinishardi, shu zayl ba’zan liftning eshigi bekilib u tashqarida qolardi. Lekin Karimov rejimi paytida u tashqarida qolmadi, doim ichkarida bo’ldi.

Oshkoralik qo’mitasi ishida ham u  doim ana shunday  kutib turish va boshqalarni o’tkazib yuborish uslubini qo’llardi.

Oshkoralik qo’mitasi endi oyoqqa turayotgan kunlarda Erkin Vohidov qo’mitamizning xizmat mashinasida ketayotganda, do’rmon yo’lida kimdir mashinaga qarata o’q uzgan. Erkin aka darhol orqaga qaytishni buyurib,  uyiga borgan. Shofer esa kelib bizga:

-Mashinaga kimdir o’q otdi,-dedi.

Erkin akaning uyiga telefon qilsak, u shunday bo’lganini tasdiqladi va mazasi qochib qolganini aytdi. Shu kuni Moskvada chiqadigan “Komsomolskaya pravda” gazetasida bu haqda xabar chiqdi.

Biz oshkoralik qo’mitasining majlisini chaqirib,  suiqasd orqasida kim turganini aniqlash masalasida huquq-tartibot idoralariga murojaat yettik, masalani sessiyaga olib chiqish borasida qaror qabul qilib, prezidiumga topshirdik.

Ertasiga Oliy Kengash hay’atining yopiq yig’ilishi bo’ldi. Unda Karimovning o’zi qatnashdi va prezidium a’zolaridan boshqa odam kiritilmadi.

Majlisda Erkin Vohidov voqea yolg’onligini aytgani, matbuotda chiqqan xabar uydirmaligi va “mish-mish”larni tarqatganlarga qarshi bayonot qabul qilingani, shoferning ishi bilan MXX shug’ullanishi haqida qaror olinganidan voqif bo’ldik.

Shoferni darhol ishdan olib, qamab qo’yishdi. Uning oilasi va bola chaqasi chinqirab keldi, Erkin aka bir narsa qila olmasligini aytdi. Poliklinikada Erkin akaning umr yo’ldoshini ko’rib qoldim. U bizning harakatlarimiz uchun Erkin akani qiynashayotganini aytib, bizni tartibga chaqirdi.

O’q otilgani aniq. mashinani darhol tekshirtirganimizda mutaxassislar o’q tekkan joyni aniqlashdi. Erkin akaning o’zi ham ko’pchilikka bu gapni aytdi. Keyin nega so’zidan qaytdi? Qo’rqdimi?

Xabarni yozgan jurnalist quvg’inga olingani, shoferning qamalgani nima bo’ldi? Agar o’shanda Erkin aka mahkam turganda va suiqasd ishi ochilganda shu voqeadan keyingi yillarda yuz bergan ko’p narsalarning balki oldi olingan bo’larmidi? Erkin akani qo’rqitib, boshqalarni esa yo’qotib yuborishdi. Agar u mahkam turganda uni yo’qotishga jur’at etisholmasdi, uning obro’ e’tiboridan qo’rqishardi va bu qolganlarni ham  qutqargan, O’zbekiston bugun balki demokratik davlat bo’larmidi?

Ammo Erkin aka qadamba qadam orqaga odimlardi. Bir kuni:

-Erkin aka, buning otini chekinish deydilar,  puturimiz ketib qoladi,-dedim.

-Puturimiz ketib qolmasligining oldini olish uchun urinib kelayapman-da,-dedi u kishi parvo qilmagan holda.

Erkin aka xarakteri jihatidan juda yumshoq, birovning ko’nglini og’ritmaslikka harakat qiladigan, hazilni sevadigan, doim kulib yuradigan odam. Har qanday jiddiy masalani ham bemalol hazilga burib yubora oladi.  Huzuriga kelgan har qanday odamni bemalol eshitar, garchi doimiy sigaret chekmasa ham ular bilan birgalashib tutatar va odamlarni o’ziga mahliyo eta bilardi.

Masalan, mustaqillik tarafdori bo’lgan bir kishi bilan bu masalada ochiq gapalasha olsa, oradan ko’p o’tmay mustaqillikni istamagan odam kelsa, u bilan  mustaqillik hech narsa bermasligi to’g’risida ham bemalol gaplashaverardi.

Erkin aka vatan haqida yig’lab she’rlar yozishi va hammani hayratga solishi mumkin va amalda vatanni kichik bir manfaatga sotib yuborishi oddiy hol edi. Oshkoralik qo’mitasini qonunga xilof ravishda yopishganida, “Xalq so’zi” gazetasini “sindirish”ganida, demokrat deputatlarni qamashganda, ularning deputatlik vakolatlarini to’xtatganlarida, hatto yaqin safdoshlarini o’ldirganlarida, oilalarini quvg’inga olishganida ham Erkin aka jimligini buzmadi. Ammo lirik, falsafiy she’rlar yozishni ham to’xtatgan emas. Balki shuning uchun ham u qahramondir!  Ya’ni biz bilmaganni biladi va biz qila olmaganni uddalaydi.

Xullas, oshkoralik ana shunday o’ldirildi va bu ishda eng asosiy rollardan birini Erkin Vohidov o’ynab berdi. U keyinchalik sessiyalarda Karimovning siyosatini oqlaydigan murojaatlar bilan chiqqanda, 1999 yil voqelaridan so’ng “Sizga otilgan o’q menga tegsin” deb Karimovga bag’ishlab she’rlar yozganda, yiliga bir marta orden olganda ma’lum bo’ldi. Ammo biz ma’lum narsalarga emas, mavhum narsalarga ko’proq ishonamiz. Hali ham Erkin Vohidovni ulug’laymiz, she’rlarini yodlaymiz, qo’shiq qilib aytamiz… Shunaqa  bag’ri keng xalqmiz…

13.PARKENT

Parkent voqealari Islom Karimov tarixidagi inkor etib bo’lmas, eng qonli sahifadir.

Parkentning go’zalligi, jannatmonand go’shaligi, odamlarining mehmondo’st, yordamsevar ekanligini O’zbekiston radiosida ishlagan yillarimdan bilardim. Radioning bolalar uchun dasturlar hozirlanadigan tahririyatida parkentlik iste’dodli jurnalist va yaxshi shoir Mahmud Toir ishlardi. U bilan yaqin do’stligimiz bor edi. Qonli voqealar yuz berganda esa u “Parkent tongi” gazetasining bosh muharriri lavozimida ishlardi.

Bundan oldin ham Parkentga, Kumushkonga “Toshkent haqiqati” viloyat gazetasida ishlaganimda bir necha marta borgan edim. Shu sabab dunyoning tog’lar bilan o’ralgan kichkina  so’lim bu go’shasida 1990 yilda yuz bergan voqealar meni ham qizitiqrmasdan qolmasdi.

O’zbekiston rasmiy matbuoti Bo’ka, Bekobod tumanlaridagi voqealar haqida olgan videofilmida Islom Karimovning otga minib u yoqdan bu yoqqa, bu yoqdan u yoqqa yurganini qayta-qayta ko’rsatib, “qora kuchlar” Mesxet turklari(ularni Ahiska turklari ham deyishadi)ni quvg’in qilishgani, bu Farg’ona voqealarining davomi ekanligini, Islom Karimov bu joylar do’zaxga aylanib ketishining oldini olganini ta’kidlashdan nariga o’tmas edi.

Xalq orasida yurgan gaplarda esa SSSR yiqilar ekan, markaz bir o’q bilan ikki quyonni urmoqchi bo’ldi, birinchisi, ana shunday qo’zg’olonlar chiqarib milliy xalq harakatlarini badnom qilish va tugatish bo’lsa, ikkinchisi, yiqilayotgan SSSRni  saqlab qolish uchun  joylarda o’z ta’sirini kuchaytirishdan iborat bo’lgan, degan gap edi.

Shu bois ham 1990 yilning boshida  Oliy Kengashning birinchi sessiyasi boshlanishidan oldin o’tkazilgan vakillar majlisida bu masalaga oydinlik kiritishni talab qilgandik va parkentlik bir deputatning maxsus komissiya tuzish haqidagi taklifini qo’llab chiqqandik.

Majlis tugagach, parkentlik deputat bilan gaplashib qoldik:

-Ishonchli bir manbadan olingan ma’lumotga ko’ra, Parkentda oddiy odamlarni “Otgin!” degan buyruqqa Bosh vazir Mirahmat Mirqosimov imzo chekkan ekan,-dedi u.

Ishonchli manba O’zbekiston Kompartiyasi Markaziy komiteteining ideologiya bo’yicha kotibi Jahongir Hamidov ekan. U hatto parkentlik deputatga Mirqosimov imzo chekkan buyruqning nusxasini ham ko’rsatibdi.

Nega Hamidov bu hujjatni unga ko’rsatdi? Bu savol o’shanda xayolimizga ham kelmagan. Hukumatning tepasidagi odamlar turli o’yinlar bilan mamlakatni boshqarishlari, birovni ishdan ketkazishlari va boshqasini tayinlashlari mumkinligi haqida o’ylab ham ko’rmagan ekanmiz.

Sessiyada Bosh vazir vakolatiga ega Vitse-prezidentni tasdiqlash masalasi o’rtaga chiqqanda  Mirqosimovga savol berdim:

-Parkentda oddiy odamlarni o’qqa tutish uchun kim buyruq bergandi? Qo’lingizni ko’ksingizga qo’yib, vijdoningiz oldida o’zingini  oqlash uchun bo’lsa ham haqiqatni aytmaysiz-mi? Axir  o’sha mash’um buyruq tufayli o’n gulidan bir guli ochilmgan 63 yigit o’qdan yiqildi. Yo haqiqatni ayting yoki iste’fo bering va biz bu yerda komissiya tuzib masalani o’rganaylik,-dedim.

Mirqosimov javob berolmay qoldi. Karimov vaziyatni qo’lga olib, vitse-prezident saylovini  demokratik, muqobil asosda o’tkazish kerakligini aytdi va Shukrullo Mirsaidov nomzodi ham ilgari surildi.

Karimov Mirsaidovni “Jasoratli, mard” deb rosa maqtadi.

Karimovning keyingi sessiyadagi iborasi bilan aytganda “Mirqosimov ham mard ekan, to’nini elkasiga tashlab, indamay ketdi”. Shuning uchun ham uni endi Xalq nazorati qo’mitasi raisligiga qo’yishdi.

Lekin Mirqosimov indamay ketmagan edi. O’sha kuni sessiya tanaffusida ro’baro’ kelib qolganimizda׃

– Nahotki bunday narsalarga men buyruq bera olmasligimni tushunmasangiz?-dedi.

-Lekin Hamidovning qo’lida turgan qarorda sizning imzoingiz bor,-dedim.

U nimanidir tushungan kabi indamay qoldi va:

-Ha, o’sha oqshom Parkent chegarasida edim, Hamidov ham yonimda edi. Men  o’q otilmasligi uchun qo’limdan kelganini qildim. Lekin yarim tunda buyruq boshqa joydan keldi. Mana talablaringiz bilan komissiya tuzildi, sizni ham komisiya tarkibiga qo’shishdi, haqiqatni endi o’zingiz oydinlatasiz,-dedi.

-Lekin siz aytmasangiz haqiqat baribir qora qozonning ichida qolaveradi.

-Kimga aytaman, shu komissiyagami, yarmi Farg’ona voqealarida qatnashgan odamlarku?!- deya Mirahmat aka kinoya bilan kulimsirab ketib qoldi.

Yodimga  sessiyada prezidentni saylash paytida u haqda gapirgan Jahongir Hamidovning so’zlari tushdi:

-Islom akam turli voqealar yuz berganda mijja qoqmaydigan odam. U kishining Toshkent viloyatida odamlarning uylari yondirilgan bir paytda otga minib aholini tinchitganlarini televizordan ko’rdingiz. Bunaqa pahlavonlik hammaga ham nasib etmaydi. Biz Mesxet turklarini Bo’ka, Bekobod va umuman shu mintaqadan “Kumushkon” sanatoriyasiga ko’chirganimizda, yarim tunda Islom akam menga telefon qildilar. Qayerdan telefon qilayapsiz, desam, ishxonada ekanlar. Hamma uxlab yotgan paytda ham bu kishi ana shunday uyg’oq va ishlab o’tiradilar,-degandi.

Bu Mirqosimovning gaplariga mos tushdi.

Parkent voqealarini o’rganish komissiyasida yozuvchi Primqul Qodirov, general Botir Parpiev, adliyachi Mirzo Ulug’bek Abdusalomov va boshqalar ham bor edi. Birinchi kuni komissiya raisini saylashda Primqul Qodirov “Islom akaning pozitsiyasini” o’rtaga qo’ydi va yo’nalishni milliy harakatlarni o’rganishga qaratishni taklif qildi. Biz bunga qarshi bo’ldik va ishni hukumatdagi manbalarni o’rganishdan boshlash, jumladan Ichki ishlar vazirligi, Milliy xavfsizlik manbalarini tekshirish kerakligini aytdik. Primqul Qodirovni rais etib saylashar ekan, qarshi bo’lgan to’rt kishi orasidan meni ham raisdosh etib ko’rsatishdi. Keyin voqealar shunday davom etdi-ki, asosiy tekshiruvni boshqarish o’zimga qoldi.

SSSR Ichki ishlar vazirligi qoshida general Shatalin boshchiligida to’polonlarni bostirish armiyasi tuzilgan edi. Milliy xavfsizlik xizmati hukumat telefonlaridagi so’zlashuvlarni ham yozib olar ekan. Telefon so’zlashuvlarini matnga tushirtirdik.

O’zbekiston Ichki ishlar vazirligi manbalarini ham tekshirganimizda Shatalin rahbarligidagi armiyaning maxsus etishtirilgan kuchlarini O’zbekistonga  Islom Karimov bevosita taklif qilgani haqidagi ma’lumotlarni topdik. Uning SSSR Ichki ishlar vaziribilan, qplaversa bevosita Shatalinning o’zi bilan va keyin tunda Parkent chegarsida bo’lgan Hamidov va Mirqosimov bilan “verxushka” (hukumat rahbarlari qo’llanadigan maxsus telefon-JM) orqali gaplashgan gaplari hamma narsani oydinlashtirib turgandi.

Karimov Mesxet turklarini faqat bitta kirish yo’li bo’lgan “Kumushkon” sanatoriyasiga olib  borishni buyurgan va Mirqosimovni harbiylarga qarshi chiqqanlarni otish buyrug’ini beradigan qarorni imzolashga majbur qilgan edi.

Farg’onada 1989 yilning may oyida boshlanib yoz bo’yi tinmagan voqealarning davomi o’laroq Toshkent viloyatining janubida yashagan Mesxet turklarining  uylari yondirib yuborilgani va ular avtobuslarda Parkentning “Kumushkon” dam olish zonasiga olib borilishi haqida planlarni topdik.

Bu voqealarda hali podpolkovnik bo’lgan Zokir Almatov Islom Karimovning ishonchini qozongani ma’lum bo’ldi. Har qancha qarshiliklarga qaramay Islom Karimov unga polkovnik unvonini berib, vazirlikka olib keldi, keyin unga general unvonini berdi.

Parkent markazi  tog’ning ikki adiri orasida joylashgan va pastdan bir yo’l hamda soy o’tgan. Soyning ikki tomonida tepaga qarab uy-joylar, ma’muriy binolar qurib borilgan. Mesxet turklari ana shu  soy bo’yidagi yo’l orqali “Kumushkon” dam olish zonasiga olib borilgan. Oddiy aholi “Kumushkon”ga Mesxet turklari keltirilganini eshitib, ularga yordam to’play boshlaydi, oziq-ovqat yuborib turadi.

Planga ko’ra ishlaganlar Parkentda notinchlik chiqarish harakatlarini boshlashgan.

O’shanda Parkent voqealari haqida alohida bir kitob yozgandim. Qachondir topilib qoladi. Hozir masalaning Islom Karimovga borib taqaladigan nuqtasi bilan bog’liq  voqeani eslamoqchiman.

Komissiya qo’lga kiritgan hujjatlarga ko’ra Jahongir Hamidovning topshirig’i bilan Parkent tumanining barcha xo’jaliklariga  kechqurun telefonogramma yuboriladi. Markazkomning ideologiya kotibi o’zi mustaqil topshiriq bera olmasligi aniq, buning ustiga u Islom Karimovning yaqin do’sti sifatida bu ishga olib kelingani bois boshqa odamlarning unga ta’siri bo’lishi mumkin emas. Demak u topshiriqni bevosita Islom Karimovning o’zidan olgan. Telefonogrammada har bir xo’jalik rahbari va partkom kotibi  ertalab tuman markaziga tartibni saqlash uchun 15-20 nafardan yosh yigitni yuborishi zarurligi aytiladi.

Ertalab soat sakkizga yaqin aytilgan odamlar raykom binosi yoniga to’plana boshlaydilar. Ammo ularga pastda, soy bo’yida to’planish aytiladi. Tunda esa bu joyga Shatalin armiyasining tanklari, zirhli mashinalari ham keltiriladi. Yosh yigitlar qiziqib harbiy texnikani tomosha qiladilar. Ajablanadilar.

Tushga yaqin ular asabiylasha boshlaydilar, nima uchun kelganlari, nega ovqat berishmayotgani kabi savollar paydo bo’ladi. Shu payt harbiylar harakatga kelib, ulardan yo’lni bo’shatib qo’yish so’raladi. Ular soylikka tomon suriladilar. Kimdir go’yo harbiylarga tosh otadi (guvohlarga ko’ra hech kim tanimaydigan, to’n kiyib, soqol qo’yib olgan odam) va o’qlar ovozi yangray boshlaydi. Yigitlar suvga tomon surib boriladi. Orqada sharillab oqayotgan soy va oldinda tish-tirnog’i bilan qurollagan armiya va mirshablar. Tepalikda raykom binosi va voqealar televizordagidek ko’rinib turibdi.

Shu payt yana raykom binosi va Parkentga kirish nuqtasidagi hukumat punkti toshirig’i bilan “Kumushkon”dagi Mesxet turklari avtobuslarda Parkent markaziga olib kelinadi. Agar ularni olib chiqib ketishmoqchi bo’lishsa, soyning naryog’idagi yo’l to’ppa to’g’ri tashqariga ketadi. Ammo avtobus kolonnasini negadir ko’prik orqali, aylanib, yo’lni uzoq qilib, notinchlik yuz bergan joyga olib kelishadi. Biroz to’xtab ham turishadi. Avtobuslarga soy bo’yidagi toshlardan otiladi. Oynalari sinadi. Kolonna shundan keyin shahardan olib chiqib ketiladi. Parkent aholisi yo’llarga chiqib turklarni yig’lab kuzatadi.

Bu tomonda esa o’qlar kimlarnidir yiqitgani uchun yoshlar militsiya binosiga hujum qiladilar, yo’ldagi mashinlarni to’ntarib tashlaydilar. Ko’kda vertoletlar paydo bo’ladi va pastdagilarni o’qqa tuta boshlaydi. Ko’chama-ko’cha qochgan yoshlarni quvib borgan vertoletlar, harbiylar, mirshablar ularni tirqiratib ota boshlaydilar. Shaharning bir chetida motam marosimi o’tayotgan joyda odamlar to’planib turibdi, deb ularni ham o’qqa tutishgan.

Ayni paytda shaharning bir necha joyida  “Birlik” harakati va boshqa guruhlar nomidan yozilgan va Mesxet turklarini o’ldirishga, qatliom etishga chaqirilgan varaqalar topiladi. Harakatlarning mahalliy va hamda viloyat, respublika kengashlari bu tuhmat ekanligini aytib chiqishadi.

Biz komissiya ishini davom yettirar ekanmiz, Primqul Qodirov bir hisobotni ko’rsatib, shunga qo’l qo’yishimizni, masalani bitirishimiz kerak ekanligini aytdi. O’qib ko’rsak, komissiya “hukumat talashib yurgan to’dalar”ning aybi bilan qon to’kilgani va bunday harakatlarni ta’qiqlash zarurligi xulosasiga kelgani aytilgan. Janjallashib qoldik. Men boshqa hisobot yozdim. Ammo ko’pchilik Primqul Qodirov taqdim etgan hisobotga imzo chekkani uchun, o’sha hisobotni olib, ostiga qo’lim bilan uning yolg’onligini va gap nimada ekanligini ilova etib qo’shimcha yozdim. Qarangki o’sha kezda baribir dovyuraklar topilardi, bu raddiyamni qo’llab to’rt kishi imzo chekdi.

Biz masalani rayosatga olib chiqdik. Sessiyada muhokama qilamiz, desak, Islom Karimov majlisga kelib qoldi va masalani kengroq tekshirish kerakligini aytib, kun tartibidan chiqarishni so’radi. Qo’mita raislari rozi bo’ldilar.

Biz to’plangan hujjatlarni uch nusxada ko’paytirgan edik. Ularning to’rtinchi nusxasini ham qilib, bir yosh jurnalistga berdim va:

-Buni olib borib, temir qutiga solib, ko’mib qo’ying, kelajakda sizni tanitadigan manba bu, qolaversa tarix va xalq oldida ulkan xizmat qilgan bo’lasiz,-dedim.

Bizning qo’limizga o’ta muhim hujjatalar o’tib qolgani bois Karimov juda bezovtalanib qoldi. Parkent komissiyasi hujjatlarining har uchchala nusxasi ham menda edi va bir kuni ishga kelsam, xonamda mazkur hujjatlar turgan kattakon seyf “yo’qolib” qolgandi. Hukumat binosi, mirshablar tomonidan qo’riqlanadi. Qolaversa, qavatimizda Oliy Kengash raisining xonasi. Shunday holda kelib-kelib Oshkoralik qo’mitasida kaminaga ajratilgan seyf yo’qolib qolsa-a?  Lekin o’ylantirgan joyi shuki, seyfni ochishlari mumkin bo’lgani holda nega butunlay ko’tarib ketishdi? Xayriyat-ki, hujjatlarning bir nusxasini oldinroq birovga berib yuborgan ekanman. Aks taqdirda Parkent voqeasi ham Farg’ona fojeasi kabi tarixning oppoqq sahifasiga aylanib qolar va uni istaganlari kabi talqin etishardi.

Kelgusida Parkent komissiyasi hujjatlarini balki o’sha jurnalist nashr etar va Karimov tarixining bu qonli sahifasidan xalq to’la xabardor bo’lar?!

14. JIGARISTON

Xastaxonada edim. O’sha kezlari Karimov bilan kurashimiz avjiga chiqqandi. Hukumat kasalxonasidagi do’xtirlar “Tomog’ingizni amaliyot qilishimiz kerak, anginangiz yurakka ta’sir qilmoqda”, deb qo’yishmadi. Bir haftada o’tib ketar, deb o’yladim. Ammo 57 kun kasalxonada yotdim. O’shanda negadir amaliyot uchun boshqa kasalxonaga olib borishdi. Amaliyot paytida tomog’imdan qon ochildi. Qonni to’xtatamiz, deb paxta bosib qo’yishdi va chiqib ketishdi. Umr yo’ldoshim va qaynonam qidirib, topib kelishganda, mening nafasim qaytib, yuzlarim qoraya boshlagan ekan. Amaliyot qilgan do’xtir esa ketib qolgan.

Navbatchi kelib tomog’imga tiqilib qolgan paxtani olgan. Menga amaliyotdan oldin qon bosimini ko’taradigan dori berishgan ekan. Hamshira “Bu qon bosimingizni oshiradi-ku?”, deya amaliyotdan keyin mazkur dorini bermay qo’ydi. Umr yo’ldoshim shundan so’ng doim yonimda turdi. Endi tuzalib qolgan kunlarim edi, hamkasbim, taniqli jurnalist do’stim Dadaxon Yoqubov kirib keldi. Rang-ro’yida qon yo’q. Garchi amaliyotdan chiqqan bo’lsam ham u hol-ahvol so’ramasdan,

-Meni tepdi, – dedi.

Darrov angladim. Prezident tepgan. Chunki do’stim Islom Karimovga yordamchi edi. Ammo amaliyotdan chiqqanim uchun unga darhol javob bera olmadim.

-Ayting, nima qilay? Iste’fo yozay-mi, ketay-mi? – dedi u.

-Nima bo’ldi o’zi? – deb arang so’radim.

U bilan juda yaqin do’st edik,birga ishlaganmiz.Juda yaxshi jurnalist. Ko’ngli ochiq yigit.

-Jigaristonga borib, qishloqni tuproq bosib qolishini o’rgandim. Mutaxassislar bir necha marta yuqoriga xat yozib, xavfdan ogoh etishgan ekan. Agar oldi olinsa, shuncha odam o’lib ketmasdi. Prezidentga kirib, “Jinoyatchi shu erda ekan, sizdan xatni yashirishgan” deganimni bilaman. “Jahongirni dushman der edim, sen yetti marta ziyod dushman ekansan!” deb so’kib tepa ketdi…

Toshkent viloyatining Jigariston qishlog’ida fojia yuz bergandi.Olimlar bir necha yillardan beri bu yerda tepaliklar ko’chib, qishloqni bosib qolishi mumkinligi haqida ogohlantirishgan, lekin hukumat e’tibor bermagan. Hatto prezidentga ham bir necha marta maktub yozishgan ekan. Ammo hukumat rahbarlari bu joyga fojia yuz berib, ko’plab odamlar tuproq ostida qolib ketgandan keyin borishdi. Go’yo ularning qismatiga achingan bo’lishdi. Dadaxon Yoqubov fojiadan ancha oldin maktublar prezident devoniga kelganidan xabar topgan. Lekin bu maktublar prezidentga ko’rsatilganidan esa bexabar bo’lgan.

Dadaxon bilan birga “Hayot quvonchlari va tashvishlari” deb nomlangan va xalq orasida mashhur bo’lib ketgan bir necha dasturni birgalikda tayyorlaganmiz. Birgalikda 1990 yilning Navro’zida 26 soatlik marafon ko’rsatuvini uyushtirganmiz. U Namangandan deputat bo’lib saylanganda ishonchli vakil bo’lib borib, uni targ’ib qilganman. Shu bois yaqin do’stimga prezidentning bunday munosabatidan juda ranjiganman.

Oradan bir-ikki yil o’tib eshitib qoldim. Prezident Dadaxonga bir shikoyat xatini berib Ishtixon tumani hokimi To’raqul YO’LDOSHEVni tekshirib kelishni buyuribdi. To’raqul aka Sovet davridayoq televidenieda paxta masalasini sharhlab, tanilib qolgan siyosatchi edi. Odamlar bilan qanday muomala qilishini, kimning ko’nglini qanday topishni bilardi. Oliy majlisning sessiyalar o’tadigan zalida hammaning o’z o’rni bor va mening o’rnim To’raqul aka bilan yonma-yon tushib qolgani uchun majlis ochilishidan oldin doim hangoma qilib o’tirar edik.

Bizning yyettinchi sessiyadagi to’polonimizdan keyin kimdir To’raqul YO’LDOSHEV ham fitnaning ichida bor, u ham Mirsaidovning odami, degan ekan, har holda shunday keyin bir shikoyat xati uyushtirilib, Dadaxonni tekshirishga yuborishgan. Dadaxon To’raqul akani yoqlab hisobot yozib qaytibdi.

Shundan keyin Karimov To’raqul YO’LDOSHEVning o’zini chaqirgan va u ba’zan Mirsaidov bilan ham uchrashganini tan olgan. Bir tuman rahbarining Bosh vazir bilan uchrashishi tabiiy narsa. Buning ustiga To’raqul aka Karimov bilan ham, Mirsaidov bilan ham ilgari birga ishlagan. Shundan keyin devondagi “quloq”lardan biri Dadaxon undan pora olgan, deb aytgan ekan. To’raqul aka bu tuhmatdan xabardor ekan.

Shundan keyin Karimov ikkinchi marta Dadaxonga qo’l ko’targan deyishadi. Buni o’sha kezda Turob To’la ko’chasidagi Yozuvchilar soyuzi binosida ishlaganlar aytib yurishadi. Ammo bu qanchalik haqiqat bilmayman. Balki bir kun Dadxonni uchratsam bu haqda so’rash imkonim bo’ladi.

Lekin o’shanda Dadaxonning Jigaristonga borib kelib, o’tkazgan taftishi tufayli Karimovning yana bir jinoyati haqida xabardor bo’lgandim.

Dadaxon Yoqubov bilan ijodiy hamkorligimizning cho’qqisi 1990 yilda o’tkazilgan Navro’z telemarafoni bo’lgandi.

Shuni aytish kerakki, o’sha kezlarda Dadaxon yoniga juda iste’dodli kishilarni to’plagan edi. Masalan, rejissyorlar Meli Mahkamov va Tamara Mahkamova o’zbek telesan’atining favqulodda talanti insonlari edilar. Meli aka juda xushmuomala, topqir, bilimli bo’lish bilan birga sodda va kishining ko’ngliga juda tez yo’la topadigan odam edi.

“Hayot quvonchlari va tashvishlari” dasturlarining ham o’q ildizi shu odam edi, desam, Dadaxon aslo xafa bo’lmasa kerak. Meli Mahkamov O’zbekiston televideniesida xalqning mehrini qozongan ko’plab asarlarga rejisserlik qilgan edilar.

Dadaxon va Meli aka bilan gaplashib telemarafonni 24 soatga mo’ljallagan edik.

Telemarafon uchun asosiy xamirturushni Samarqanddan topgandik. Ta’qiqlarga qaramay Urgutda xalq bayramni mart oyining o’rtalarida boshlab yuborardi. Bizning borishimiz bilan bu ming-minglab odam chiqqan katta saylga aylanib ketdi. Video yozuvlarni ana shu sayllar davomida tasmaga yozib oldik.

O’sha kunlari iqtidorli vrach Tahsin Hamidov Samarqanddagi Respublika bolalar markazi-shifoxonasida Oybek degan bolaning ayanchli holidan bizni xabardor yetib, agar yordam qilinmasa u hayotini yo’qotishi mumkinligini aytdi.

Borib ko’rdik va dahshatga tushdik. Oybekning ahvolini so’z bilan tasvirlash mumkin emas. O’shanda videoyozuvlarimizni ko’rganlar orasida yig’lamagan inson oz bo’lsa kerak.

Keyin o’ziga o’t qo’ygan kelinchkalarni borib ko’rdik. Nogironlik aravachasi ololmagan momolar… Uylari yiqilib yotgan otaxonlar… Shu zayl voqealar bir -biriga ulanib, katta dasturning xamirturushi hozir bo’ldi. Albatta, buning texnik jihatlarini bir nuqtaga keltirish uchun Dadaxon va Meli akalar bir necha tunlarni tongga uladilar.

Bugungi kabi o’sha kezda ham Navro’zning do’stlari qatori dushmanlari ham bor edi. Ayniqsa, O’zbekistonda Navro’z rasman qatag’on qilinib, o’rniga “Navbahor” degan uydirma bayram qo’yilganiga hali ko’p bo’lmagan edi.

Navro’z telemarafoni ikki inqilobni birdan bajardi.

Birinchisi, Navro’zni hamma joyda ochiq xalq sayliga aylantirdi. O’shanda biz bilan birga xalqimiz ham uxlamadi. Butun mamlakat saylga chiqdi.

Ikkinchisi, dasturlar avvaldan qog’ozlarda yozilib, tsenzuradan o’tgandan keyingina ekranga chiqarilishi qat’iy tartibga aylangan O’zbekistonda biz 36 soat davomida mutloq erkin gapirdik, dilimizda nima bo’lsa tilimizda ham shu edi. Tsenzurasiz ham yashash mumkinligining isboti edi bu! Ya’ni “Xalqimiz demokratiyaga tayyor emas” deganlarning yuziga bir tarsaki tortilgandi.

Telemarafon ko’pchilikning hayotini o’zgartirib yubordi. Dadaxon, Meli akaga O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan san’at arbobi, menga O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan jurnalist unvonini olib keldi bu dastur. Telemarafonda qatnashgan boshqa ko’plab ijodkorlar ham turli unvonlarni olgandilar.

Navro’z Dadaxon Yoqubov hayotining katta qismiga aylandi. U mazkur marafonda tushgan mablag’larni ishga solish uchun “Navro’z” fondini ochdi va o’zi boshqardi. Juda ko’p odamlarga yordam qildi.

-Navro’z telemarafoni mustaqillikning shamolini olib keldi,- degan edi o’zbek adiblarining yaqin do’sti, samarqandlik siyosat va davlat arbobi Toshbo’ri Qilichev o’shanda.-Biz ham o’z so’zimizni o’zimiz gapira olishimiz mumkinligini ko’rsatdi bu!

Lekin Islom Karimov Navro’z bayramini ham o’ziniki qilib oldi va bayram katta siyosiy sahnaga aylandi.

15. DEMOKRATIYANING SO’NGI KUNI

1991 yil 30 Sentyabr… Mustaqil O’zbekiston tarixining favqullodda muhim kuni. Shu kuni O’zbekiston demokratiya va zulmni tanlash chorrahasida edi. Demokratiyani tanlashi uchun bir odim qolgandi. Ammo yakkahokimlikni, qonunsizlikni, mamlakat Konstitutsiyasini tan olmaslikni, bir so’z bilan aytganda zulm yo’lini tanladi. Nega?

1991 yilning 30 Sentyabrida ish boshlagan O’zbekiston Oliy Kengashining o’n birinchi chaqiriq 7-sessiyasi haqida gap ochilganda ana shu “Nega?” degan savol o’rtaga tushadi. O’zbekiston hukumati bu sessiyaning barcha yozuvlarini yo’qotib yuborgan va tarix sahifalarida ham bu borada biror iz qoldirmagan. Lekin tarix hukumatlarga bog’lanib qolgan emas.

7-sessiyaning muhim bir qismi tushirilgan videotasmani bizga taqdim etgan kishi “O’shanda televizorni ko’rib o’tirib, voqealar qiziy boshlagandan keyin yozib oldim, ammo ma’lum bir joyga kelganda uzib qo’yishdi” dedi. Videotasmada 7-sessiyaning kun tartibini muhokama qilish jarayonida qizg’in chiqishlarning bir soatdan ko’p, ya’ni mutlaqo muhim bo’lgan qismi aks etgan. “Amerika Ovozi” radiosida ishlaganimda bu videotasmani magnit lentasiga ko’chirib  2003 yilning Avgust oyida maxsus radio dasturi orqali  eshittirgandim. Keyin doimiyga internetga ham joylab qo’ydim. Bu hujjat 7-sessiyaga orqavarotdan berilgan uch xil bahoning naqadar yolg’on, chirkin manfaatlar yo’lidagi uydirma ekanligini o’rtaga qo’ydi. Avvalo haqiqatga nazar tashlaylik-da keyin berilgan baholarga.

Xullas, bu miriqib tomosha qilinadigan va o’ziga xos tarixiy filmni eslatadigan video yozuv O’zbekiston Oliy kengashi Qonunchilik qo’mitasida ishlagan, Oliy Kengashdagi demokratik deputatlarning “Tashabbus” guruhi faoli, samarqandlik deputat Toshpo’lat Jo’raevning (E’tibor bering samarqandlik, toshkentlik emas-J.M.) so’zlari bilan boshlanadi.

JO’RAEV: Haqiqatdan ham xalqimiz qo’yday qilib tarbiyalab qo’yildi. Bu odamga alam qilib ketar ekan, shu qo’yday xalqning farzandi bo’lganing. Men “Tashabbus” guruhi nomidan O’zbekiston Konstitutsiyasining 48-moddasiga binoan quyidagi taklifni kiritaman. 48-moddada shunday deyiladi: “Xalqning manfaatlariga muvofiq va sotsialistik tuzumni mustahkamlash va rivojlantirish maqsadida O’zbekiston SSR grajdanlariga so’z, matbuot, yig’ilishlar, mitinglar, ko’chalarda namoyishlar qilib yurish erkinligi kafolatlanadi.O’z siyosiy erkinliklarini amalga oshirish, mehnatkashlarga va ularning tashkilotlariga jamoat binolari, ko’chalar va maydonlarni berib qo’yish, axborotni keng tarqatish, matbuot va televideniedan keng foydalanish imkoniyatalarini berib qo’yish bilan ta’minlanadi”.

Biz bo’lsak Konstitutsiyaga teskari ish qilib o’tiribmiz. Butun huquqlarni Rayosatga berdik. Rayosat mana shu mitinglarni ta’qiqlash masalasini qo’ydi va biz uni tasdiqlab yubordik. Endi matbuot anjumanlarida savol berishganda biz aybdor bo’lib o’tiribmiz. Men mana shu masala kun tartibiga qo’yilishini, ya’ni “O’zbekistonda mitinglarni ta’qiqilash” qarorini bekor qilish masalasi kun tartibiga kiritilishini talab qilaman.

Ikkinchisi, respublikamizda qonunlar bajarilmayapti. Mana men qonunchilik komitetida ishlayaman. Lekin bu komitet nomidan gapirmayapman. Ayrimlar chiqib meni tanqid qiladigan bo’lsa, shuni hisobga olsin, inson huquqlari har qadamda poymol qilinyapti bizda. Kichkina bir haqiqatni topish uchun kishilar ming devorga bosh urmoqdalar. Haqiqatni topishni istab kelgan odamlar oldida ular ishonib kelgan odamlar ham qiyin vaziyatga tushmoqdalar. Dardini ayta olmagani uchun ham odamlar o’zlari hukm chiqarmoqdalar. Ruschasiga “samosud” deydi. O’zbekchasi nima ekanligini bilmayman. Mana shundan keyin o’zlariga o’t qo’ymoqdalar, o’zlarini osmoqdalar, yoki birovni otayaptilar, do’pposlayaptilar, mana shu qusurlar ko’pligidan ham endi xulosa qilaversak bo’ladi.

Ishim yuzasidan respublikaning ko’zga ko’ringan huquqshunoslari bilan gaplashib turaman.Ularning va o’z xulosam asosida shuni aytamanki, hatto deputat Shovruq Ro’zimurodovga ham nohaqlik bo’ldi.U jinoyat qilgan emas, uning aybi rahbarlarni haqorat qilishda. Bu aybning jazosi jarima berishga to’g’ri keladi. Men bir o’zimning nomimdan emas, balki deputatlarning “Tashabbus” guruhi nomidan taklif qilamanki, Ro’zimurodovni shu yerga olib kelishsin va aybi bo’yniga shu erda muhokamada qo’yilsin, degan masalani kiritishni taklif qilaman. Men aytgan masalalarni kun tartibiga kiritishni ovozga qo’yishingizni so’rayman.(Zalda “To’g’ri” degan hayqiriqlar va qarsaklar)…

IZOH: (Bu yerdagi izohlar kaminaga oid-J.M.) Majlisga ilgari KPSS Markaziy komitetida ishlagan va 1989 yildagi Farg’ona voqealarida viloyat partiya qo’mitasining ikkinchi kotibi bo’lgan, shu voqealarda qo’li qonga botib, tili qisiq bo’lib qolgandan keyin Karimovning tashabbusi bilan Toshkentga ishga keltirilgan, maqtay-maqtay Oliy Kengashga rais etib qo’yilgan Shavkat Yo’ldoshev rahbarlik qilmoqda edi.

YO’LDOSHEV: O’rtoqlar yana kimda qanday takliflar bor…

ZALDAN: Oldin aytilgan masalani ovozga qo’ying!

IZOH: Demokratik qoidalarga ko’ra deputatlar kiritgan har bir taklif ovozga qo’yish yo’li bilan yo qabul qilinishi yoki rad etilishi kerak. Qabul qilingan taqdirda ana undan keyin muhokamaga qo’yiladi. O’sha paytda bu tajriba Mixail Gorbachev boshchiligida, jumladan Shavkat Yo’ldoshev ham a’zosi bo’lgan SSSR Oliy kengashida odatga kirgandi. Ammo Moskvadagi demokratik sessiyalarda qatnashgani bilan Shavkat YO’LDOSHEV o’z qoniga singgan tobelik, qo’rquv va qullikning asoratidan chiqa olmagani uchun o’ng tarafida o’tirgan Islom Karimovning imosi bilan nima bo’lsa ham takliflarni bekor qilishga urinardi. Zaldan “taklif ovozga qo’yilsin” deya har qancha hayqiriqlar kelmasin, uning tayinsiz javobi tayin edi:

YO’LDOSHEV: Hozir, hozir avval hammasini bir ko’rib chiqaylik, keyin ovozga qo’yamiz.

ZALDAN: Nega ovozga qo’ymaysiz?

YO’LDOSHEV: Nimani… Uchta taklif bo’ldi. Mitinglar, Inson huquqlari va Ro’zimurodov to’g’risida. Endi Ro’zimurodov to’g’risida prokurorning bir axborotini eshitish kerak….

YO’LDOSHEV: Marhamat..

IZOH: YO’LDOSHEV partiya nomenklaturasining deputati Toshkent shahar 52-saylov okrugidan saylangan emas, siylangan Najmiddinovga so’z beradi.

NAJMIDDINOV:Menda shunday taklif bor. Sessiyadan oldin vakillar kengashining yig’ilishi bo’ldi va kun tartibi ma’qullandi. Oldin shu masala ovozga qo’yilsin, keyin boshqa gaplar.

IZOH: Shu o’rinda vakillar kengashi, degan qurumga qisqa izoh berish kerak. Sovet davrida partiya rahbarlari bir joyga to’planib mana bu kun tartibi va shu hech qanday gap so’zlarsiz o’tishini ta’minlaysizlar, deyiladigan majlis bo’lardi. Sessiyalardan oldin o’tadigan bu majlis an’anasi bizda ham qolgan va u erda Islom Karimov viloyat rahbarlariga topshiriqlar berib, keyin sessiya boshlanardi. Mazkur sessiyaning kun tartibi oldindan Karimov tomonidan ko’rib chiqilgan, rayosatda tasdiqlanib matbuotda e’lon qilingan edi. Lekin sessiya boshlanishidan avval Karimov kun tartibiga vitse-perzident vazifasini yo’qotish va prezident saylovi haqidagi qonunni qo’shish fikriga kelgandi. Deputatlarning takliflari inobatga olinmagan holda Karimovning hatto o’zi tuzgan Rayosatni ham chetlashi o’sha kezda, qayta qurish va oshkoralik uchun kurash borayotgan paytda g’ayrioddiy edi.

YO’LDOSHEV: Juda to’g’ri, shunday qilsak to’g’ri bo’ladi.Endi men vakillar kengashining hamma taklifini aytib ulgurganim yo’q o’rtoqlar. U erda yana bir taklif kiritildi, prezident tomonidan. Islom Abdug’aniyevich buni o’zingiz aytasizmi yoki men aytaymi?

KARIMOV: O’rtoqlar, bugungi kun tartibni, albatta, oldindan aytishimiz kerak edi, chunki bu masala Rayosat majlisida ko’rilgan va ko’pchilik bu masalada o’z fikrini bildirgan. Menda Rayosatning obro’si nuqtai nazarida bir fikr tug’ilmoqdaki, deputatlar birinchi galda Rayosat qabul qilgan masalani ko’rib chiqishi kerak.

Ikkinchidan biz oqsoqollar, ya’ni viloyatlardan kelgan vakillar bilan kelishilgan kun tartibini ham ovozga qo’yib kelishib, tasdiqlab olgandan keyin qo’shimcha masalalar bo’lsa, ko’rish mumkin. Bu demokratiya ham shuni talab qiladi. Vakillar ko’rgan masala qolib kyetib, boshqa masalalarga o’tish, uni ovozga qo’ymasdan boshqa masalalarni ovozga qo’yish, bu demokratiyaga to’g’ri kelmaydi. Maning fikrim shundayki, oldindan har tomonlama ko’rib chiqilgan kun tartibini oxirigacha o’qib berib, shu masalalarni asos qilib olib, agarki shu borada qo’shimchalar bo’lsa keyinroq ko’rilsa, bu kun tartibini bir chiziqqa solishga imkon beradi.Bu sessiyamizni ham u yoqqa, bu yoqqa burmasdan bitta chiziqda olib borilishini ta’minlaydi.

IZOH: Bu ochiq qilib aytganda umuman taklif kiritilmasin, degani edi. Lekin o’zlari bundan istesno….

KARIMOV: Maning qo’shimcha taklifim shu ediki, vakillar kengashida kelishganimizdek, Prezident saylovi haqidagi qonunni bugun qabul qilsak, yana bitta masala chiqadiki, vitse-prezidentlik masalasi ham ko’rib chiqilishi kerak. Shuning uchun mening taklifim shundayki, vitse-prezident lavozimini bartaraf qilib, yo’q qilib, Primer ministr lavozimini kiritish. Nima deganda bizlar bir vaqt qabul qilgan edikki, vitse-prezident Vazirlar mahkamasi ishini yuritadi deb, hozir vaziyat shunday keskin bo’lib ketayaptiki, mana qish yaqin kelayapti, bozordagi, magazindagi ahvollarni hammamiz ko’rayapmiz. O’zbekistonning ta’minotining yil oxirigacha bo’lgan balansi to’g’ri kelmayapti. Yangi yilga tayyorgarlik ko’rishimiz kerak. Odamlar vahimada. Mamlakat ahvoli juda og’ir. Shu nuqtai nazardan, aytaylik, hozirgi qilayotgan ishlarimizni tanqidiy ko’z bilan qarab, mana Shukur Rahmatovich (Vitse-prezident Mirsaidov-J.M.) ham vakillar yig’ilishida gapirdilar, juda kamchiligimiz ko’p. Shu nuqtai nazardan bu masalani ixchamgina qilib, vazirlar mahkamasini boshlig’i qilib Primer ministrni saqlasagu, saylasagu shu odam butunlay iqtisodiy ishlarni qo’liga olib, men nomzod qilib shu o’rtoq Mirsaidovni shu lavozimga ko’rsatmoqchiman. Demak, ikkita masala o’rtaga chiqadi. Vitse-prezident vazifasini yo’q qilish, Bosh vazir vazifasini o’rnatish. Keyin Mirsaidovni shu lavozimga saylash.

YO’LDOSHEV: Taklif kiritildi, vakillar kengashidagi kun tartibini asos qilib olish va keyin qo’shimcha takliflarni ko’rib chiqish.

IZOH: Zaldan Karimovning qo’shimcha taklifi ham boshqa qo’shimcha takliflar bilan bir ko’z bilan ko’rilsin, degan gap aytiladi. Bunga javoban:

YO’LDOSHEV: Vakillar kengashida ham Islom Abdig’anievich bu gaplarni aytgandilar. Shuning uchun u kishining takliflari bilan vakillar kengashidagi takliflarni birgalikda qabul qilinsin, degan taklifni kiritaman.

IZOH: Zaldan yana nega oldingi takliflarni ham qo’shib ovozga qo’ymaymiz, degan hayqiriqlar eshitiladi. Ekranda mazkur sessiyadan keyin bo’htonlar bilan 22 yilga qamalgan, mustaqillik istab mustaqillik zindonining bandiga aylangan xalq deputati Samandar Qo’qonov kun tartibi bo’yicha gapiradi.Unga Yo’ldoshev javob beradi:

YO’LDOSHEV: Siz gapga quloq soling o’rtoq, men asos qilib olishni iltimos qilayapman

IZOH: Yana norozilk sadolari eshitiladi.

YO’LDOSHEV: Men vakillar kengashi qabul qilgan kun tartibini ovozga qo’yaman. Marhamat ovoz beringlar.

IZOH: Ovoz natijalari quyidagicha: Tarafdorlar 365, qarshilar 31, betaraflar 9 va ovoz bermaganlar 21, ja’mi 425.

Shu o’rinda ta’kidlash kerakki, o’shanda hukumat ovoz berilishini nazorat ostiga olish uchun elektron uskunani o’ratgan va uning to’g’ri yoki noto’g’ri ishlayotganini hech kim bilmasdi. Ba’zan ovoz berganlar soni bilan qatnashgan deputatlarning soni umumiy hisobda to’g’ri kelmay qolishi bu mashina usta qo’l bilan boshqarilayotgan bo’lsada o’zini-o’zi oshkor qilib qo’yayotganini ko’rsatardi. Bu narsa hozir ham ko’zga tashlandi.

YO’LDOSHEV: Qayta ovozga qo’yaman…

IZOH: Yuqorida ovoz berildi, deb e’lon qilindi va endi qaytadan ovozga qo’yildi. Birinchisida masalaga 365 deputat tarafdor bo’lgan bo’lsa bir necha soniyadan keyin ularning soni 122 ga tushgani e’lon qilindi. Qarshilar oldin 31 edi va endi 243 bo’ldi. Betaraflar 9 dan 13 ga chiqdi va ovoz bermaganlar 21 dan 45 ga. Umumiy hisobda ham farq bor edi. Avval 425 bo’lsa endi tabloda 429 ko’rinayotgandi. Bir so’z bilan ovozlarni ko’rsatish tablosi Afandining latifasiga aylangandi. Sen bilganingni qil, men bilganimni qilaman deganday. Demokratik deputatlar bu tablo ortidagi mexanizmni o’rganish uchun har qancha urinmasinlar hech narsaga erisha olmagandilar. Mana endi tablodagi antiqa natijalardan g’azablangan deputatlar minbarga qarab yura boshlaydilar. Deputat Baxtiyor Qodirov zalda turib hayqira boshlaydi. Unga boshqalar ham qo’shiladilar. Minbar yoniga buxorolik deputat, Fan, xalq ta’limi qo’mitasining a’zosi Rinat Mirxonov kelib so’z berasiz, deb turib oladi.

YO’LDOSHEV: Bo’pti, demak mitinglar masalasini ovozga qo’yaman. Mashinani ishlatinglar, bu mitingvozliklarni yaxshi bilib turibmiz nima ekanligini.

IZOH: Ovoz berish natijalari e’lon qilanadi.Tarafdorlar 383, Qarshilar 10, betaraf 7, ovoz bermaganlar 29, Ja’mi 429. Qizig’i shundaki, bu masalani kun tartibiga kiritishni talab qilib 63 deputat imzo qo’ygandi. Tabloda esa faqat 9 deputat bu talabni istamoqda, degan natija. Bu esa yana norozilk uyg’otadi. Ammo e’tirozlarni Yo’ldoshev qaytarib tashlaydi va:

YO’LDOSHEV: 429 ta odam ovoz beribdi. Bu taklif qabul qilinmadi. Ikkinchi…Inson huquqlari to’g’risida… shunga ham munosabatlaringizni bildirishni iltimos qilaman… O’rtoq Jo’raev aniq bir taklif kiritmadi. Inson huquqlari yo’q, inson huquqlari poymol qilinayapti, degan gaplar… nimasini buni man… Shuning uchun man taklif kiritaman, mana bu yerda bir guruh deputatlar taklif kiritishgan, mana bu yerda yozishgan (ruscha matni o’qiydi)

-”Oliy kengash raisiga, sizdan bir guruh deputatlarning Inson huquqlari borasidagi Deklaratsiyani ratifikatsiya qilish masalasini kun tartibiga kiritish yuzasidan taklifini aytish uchun menga so’z berishingizni so’rayman”

Menimcha bu yerda so’z berishga ham hojat yo’q. Chunki maqsad SSSR Xalq deputatlarining navbatdan tashqari 5 sessiyasida qabul qilingan Deklaratsiyaga qo’shilish haqida gap bormoqda. Biz bu masalani qabul qilganda Moskvada ishlashning o’rniga ko’p vaqtimiz tanaffusga ketgan edi. Shuni qabul qilsak qarshilar yo’qmi?

KARIMOV: Endi buni doimiy komissiya ko’rib chiqishi kerakmi, yo’qmi? O’zbekiston o’zining qo’shimchasini qo’shishi kerakimi, yo’qmi? Balki mana shu mitinglarni ham shunga qo’yish kerakdur? Bir komissiya tuzaylikda, unga topshiraylik, tayyorlab, qo’shimchalarni qo’shib, keyingi sessiyaga olib chiqsin.

IZOH: Zaldagi norozilik to’lqinini bosa olmagan Yo’ldoshev mikrofon yonida kutib turgan Rinat Mirxonovga so’z beradi. U rus tilida gapiradi.

MIRXONOV: Hurmatli deputatlar. Kelinglar eslaylik, SSSR oliy Kengashining 5-sessiyasida O’zbekistondan saylangan deputatlar ham qatnashgan edilar, demak, biz mustaqil O’zbekiston ham o’z navbatida bu hujjatni tasdiqlashimiz kerak. Unga hech qanday o’zgartirish kiritish talab qilinmaydi. Bu hujjat matbuotda ham e’lon qilindi va bizning xalqimizning butun talablariga mos tushadi. Mana biz talabnomaga qariyb 20 deputat qo’l qo’yganmiz. Biz saylovchilarimiz bilan uchrashganda ular mustaqil O’zbekiston ham inson huquqlari qoidalariga rioya qiladimi, yo’qmi, deb so’rashadi. Xo’sh biz nima, deb javob berishimiz kerak. Agar biz demokratik taraqqiyot yo’lini tanlagan ekanmiz, demak inson huquqlariga hurmat ko’rsatishimiz kerak. Boshqa tomondan biz bu hujjatni qabul qilib, mana shu yerga turib, dunyodagi mamlakatlarga va BMTga murojaat qilib, bizni mustaqil O’zbekiston sifatida tan olishlarini talab qilishimiz mumkin.(Zalda qarsaklar) Shu bois ham men sizlardan taklifimizni qo’llashingizni va bu taklifni kun tartibiga kiritilib, qabul qilinishini so’raymiz.

YO’LDOSHEV: Demak ikkita taklif bo’lmoqda. Birinchisi, Deklaratsiyani kun tartibiga kiritib, qabul qilish va ikkinchi taklif o’zimizdan bir guruh odamlarga bu Deklaratsiyani ko’rib chiqishni topshirish va o’zgartirishlar bilan shunday bir Deklaratsiyani tayyorlab, keyin uni qabul qilish. Man birinchi taklifni ovozga qo’yaman.

IZOH: Bu yerda Yo’ldoshev o’zi bilmagan holda to’g’ri yo’lga tomon adashdi. U deputatlarning taklifini avval, Karimovning taklifini esa keyin ovozga qo’yishni aytayotgandi. Shu o’rinda ta’kidlash kerakki, gap Inson Huquqlari Umumjaon Deklaratsiyasi haqida borayotgan edi. Bu hujjatni SSSR Oliy kengashi ham ratifikatsiya qilgan va undan kelib chiqqan holda qaror qabul etgandi. Boshqacha aytganda, Deklaratsiya matnini o’zgartirishga hech kimda asos yo’q edi. Birinchi taklif ko’pchilik deputatlar tomonidan qo’llangani va ovozga qo’yilishi hamon qabul qilinishini sezgan Islom Karimov Yo’ldoshevning no’noqligiga zarda qilib, yana uning so’zini kesdi.

KARIMOV: Shavkat Muhitdinovich, kechirasiz, bo’lmasa hozir bir komissiya tuzaylik va shu komissiya kunning oxirida o’z taklifini aytsin, agar ulgursa qabul qilaylik, ulgurmasa agar keyingi sessiyaga o’tkazaylik yoki bir kelishib olaylik, o’rtog’imizning aytgan gapi to’g’ri, agar biz mana shu qarorni qabul qilsak butun dunyoda bizga boshqa ko’z bilan qaraydigan bo’lishadi.Shu nuqtai nazardan albatta qabul qilish kerak. Lekin bir guruh odamlarni saylab bu ishni ularga topshirib, kun oxirida qabul qilsak.

IZOH: Islom Karimov gapini tugatar ekan Shavkat Yo’ldoshev bir daqiqa oldingi gaplarini unutib darhol suvning oqimini prezident tomonga burib yubordi. Ya’ni demokratiya sohilidan yakkahokimlik qirg’ogiga sakradi.

YO’LDOSHEV: Demak shuni kun tartibiga qo’shsak. Shunga ovoz bersangizlar. Qabul qilindi. Kun tartibiga qo’shildi. Endi Ro’zimurodov to’g’risida. Buni alohida bir komissiya tuzib keyin ko’rib chiqishimiz kerak. Biz Oliy kengashda bu jinoyatchi, bu jinoyatchi emas, deb xulosa chiqarishga qanday haqqimiz bor? Bu nima degan gap? Biz huquqiy mamlakat qurayapmiz, deyapmiz. Huquq yaratuvchi, ijro bajaruvchi va qonunni saqlaydigan organlar ham bir-biri bilan birga ishlashi keragu, ammo hammasi o’z vazifasini bajarishi kerak, deyapmiz.

IZOH: O’sha kezda mamlakatning eng oliy organi bu Oliy kengash edi. Prezidentni saylash ham bu kengashning zimmasida edi. Lekin vakolatlari juda kengligiga qaramasdan hatto o’zini himoya qila olmaydigan vaziyatga tushirilmoqda edi. Demokrat deputatlar Shovruq Ro’zimurodov masalasini ko’tarib chiqar ekanlar uning nima uchun qamalganini bilar edilar. Karimovning ro’yxati bilan deputat bo’lgan tili qisiqlar ham buni bilishar edi. Karimov Shovruqni qamashni respublika huquq idoralarining rahbarlariga shaxsan topshirgan va ular endi o’zlarining qarorlarini yolg’on-yashiq bahonalar, ikkiyuzlamachilik bilan himoya qilishga kelganlarini ham deputatlar yaxshi bilardilar. Karimov demokrat deputatlarga qarata qattiq hujum boshlatgan va o’zining ro’yxatiga kirmasdan saylanganlarni, yoki oddiy qilib aytganda o’zining yo’liga yurmaganlarni Shovruq kabi yo’qotmoqchi edi.

Men zaldan minbar tomon yuraman va so’z berilishini talab qilaman.

YO’LDOSHEV: Chiqing marhamat.

MAMATOV: Muhtaram do’stlar. 393-saylov okrugi, Jomboy. Mana inson huquqlari Deklaratsiyasi haqidagi tortishuvning o’zi ham ko’rsatmoqdaki, bizda hali inson huquqlari juda ko’p poymol qilinadi. Axir, Shovruq Ro’zimurodov bizning oila a’zoimiz-ku? Biz shu erda bir oilamiz-ku? Uchta sessiya o’tdi. Nega bir marta olib kelib eshitmadik? Qonunda yozib qo’yibdi: agar sizning ruxsatingiz bo’lsa ana undan keyin qamash mumkin.

Rayosat ortdan ruxsat berib yubordi, lekin qarorni olib kelib, bizga tasdiqlatgan emas. Shuning o’zi bizga haqorat-ku? Nega endi biz o’z sha’nimizni himoya qila olmayapmiz? Ertaga shunday holat boshqa odamning boshiga tushadi. Hozir bu yerda har bir odamning ustidan o’nlab papkalarni to’ldirib tuhmat, bo’htonlar tayyorlab qo’yilgan.

Axir inson huquqlari har qadamda poymol bo’lmoqda.

Mana men sizlarga aytay. Hali meni hech kim Oliy kengashdagi ishimdan bo’shatgan emas. Hali men shu yerga oylik olayapman, ishlayapman. Lekin bir kechada saharlab mening stol-stulimni olib chiqib ketishsa, mening sessiyada so’zlaydigan nutqimning matnlarini olib chiqib ketishsa, mening telefonlarimni uzib, olib ketishsa men da’vomni kimga aytishim kerak? Kimning huquqi himoya qilinayapti? Kecha bu hol Shovruqning boshiga tushdi, bugun bu hol mening boshimga tushgan bo’lsa, ertaga boshqaning, sizning boshingizga tushadi. Mana shu erda hatto inson huquqlari Deklaratsiyasini qabul qilmaylik, deya ovoz berib zulmni qo’llaganlarning ham boshiga tushadi bu narsa.

Endi o’rganishimiz kerak. Inson huquqlari bor joyda taraqqiyot bo’ladi, inson huquqlari poymol etiladigan joyda hech narsa bo’lmaydi.

Islom Abdug’aniyevich, siz bu dunyoda ustun emassiz! Yoki O’zbekistonni sizning onangiz yaratgan emas! O’zbekiston onangizning mahriga tushgani yo’q-ku? Axir men majbur bo’ldim chet elga ketish uchun ariza yozishga. Nima uchun quvg’in qilasiz? Sizga bu haqni kim berdi?

IZOH: Majlisni olib boruvchi so’zingizni tugating, deya qo’ng’iroqni chaladi.

MAMATOV: Qo’ying, Ro’zimurodov kelsin bu yerga va uni eshitaylik.(Zalda qarsaklar)

YO’LDOSHEV: Endi man majburman prokurorga so’z berish uchun. Bo’ritosh Mustafoyevich tayyormisiz?

IZOH: Aslida Islom Karimov Shovruq Ro’zimurodovni qamashni Bosh prokuror Bo’ritosh Mustafoyev bilan birga Oliy sudga ishongan. Demokrat deputatlarning sessiyadan oldin ham bezovta bo’lganlarini bilgan prezident bu ishni Oliy sud majlisida ham tasdiqlatib ulgurgandi. Shu bois Bo’ritosh Mustafoyev bu masalada menga emas, savollar Oliy sud raisi Ubaydulla Mingboevga tushadi, deb o’ylagan bo’lsa kerakki, hatto tayyorgarlik ham ko’rmagan va o’zining huquq borasidagi chalasavodligini oshkor qilib qo’ydi:

MUSTAFOYEV: Bu masaladagi talab qonun talabiga asosan Oliy sovet prezidiumining roziligi bilan jinoiy javobgarlikka tortish, qamoqqa olish masalasi hal qilingan.U tergov bo’lib, sud bo’ldi, (Shovruq Ro’zimurodov-JM.) sudning hukmi bilan jazo oldi. Shu jazoni respublika Oliy sudining kollegiyasi ham tasdiqladi. Mana shu auditoriyada o’tirgan deputatlar qonun chiqarib tergov va sud organining qadamini o’lchaydigan va ular harakatlar qiladigan doiralarni ko’zda tutgan qonunlarni bajarib mana shu hukm, shu qaror va shu to’xtamga kelingan.

Hurmatli deputatlar, sudlangan, jazo o’tayotgan kishini shu yerga olib kelib so’roq qilish, yoki yuzlashtirish degan talab qonunda yo’q. Respublika oliy sudining raisi hukm chiqqanligi haqida deputatlar diqqatiga informatsiya tariqasida ma’lumot berish uchun sessiya oxirida so’z so’rashga tayyorgarlik ko’rmoqda.

IZOH: Lekin Oliy Kengashning shunday huquqi bor edi. Bundan Bosh prokurorning bexabarligi esa uni Bosh prokurorlik vazifasiga tasdiqlash jarayonida bir deputatning “Shundan ko’ra bir paxtakor brigadirni prokuror qilib qo’yganimiz yaxshi emasmi?”deya qilgan e’tirozi naqadar to’g’riligini ko’rsatardi. Ammo gap Oliy kengashning huquqi haqida emas, balki Oliy kengash chiqargan qonunga rioya qilinmagani, bu qonun buzilgani haqida borayotgandi. Respublikaning Bosh prokurori esa xuddi kolxoz partiya majlisida gapirayotgan kabi og’zidan chiqayotgan gaplardan bexabar.

MUSTAFOYEV: Sudning hukmini parlament tekshira olmaydi, sud hukmining ustidan parlament qaror chiqara olmaydi, harakatdagi qonunni shu parlament qabul qilgan va uning (Shovruq Ro’zimurodovning-JM.) ozodligini talab qiladigan bo’lsa, unga qo’yilgan O’zbekiston Jinoyat kodeksining tegishli moddalarini bugun yo ertaga yangitdan holatda kiritib sanktsiyasini butunlay yo’q qilmaguningizcha u hukm bu yerda ko’rishga tegishli masala emas. Men buni shu qonun talablaridan kelib chiqqan holda tushuntirish tariqasida e’tiborlaringizga havola qilmoqchiman.

IZOH: Zalda qo’l ko’tarib, o’rnimdan turib minbardagi Bo’ritosh Mustafoyevga O’zbekiston xalq deputati maqomi haqidagi qonunning 15 moddasini o’qib berdim. Unda O’zbekiston Xalq deputati Oliy kengashning izni olinmasdan qamalishi mumkin emas, deb yozilgan va uning daxlsizligi kafolatlangan edi. Ammo Bosh prokuror Bo’ritosh Mustafoyev buni inkor etishga urinadi. Gap shundaki, deputatlarni bezovta qilayotgan narsa aslida qonunning buzilishi. Qonun bir deputat oliy majlisning izni bo’lmasdan qamalmasligini kafolatlar ekan, respublika Bosh prokurori esa o’z chalasavodligini ham yashirmasdan, nima bo’lganda ham masalani chetlashtirish uchun gapni boshqa tomonga burayotgan edi. Rayosatga esa faqat og’ir oqibatlarda, masalan birovni o’ldirganlik, deputatning ochiqda qolishi jamiyatga tahlika tug’dirgan hollarda uni qamash uchun ruxsat berish, ammo darhol bu qarorni Oliy kengash hukmiga olib chiqish vakolati berilgandi.

Shovruq Ro’zimurodov deputat bo’lgani holda qamalganidan keyin uchta sessiya o’tganiga qaramasdan uning masalasi muhokamaga olib chiqilmayotgandi. Uning aybi esa birinchi sessiyada “Islom Karimovni prezident qilib saylasangizlar u O’zbekistonni zindonga aylantiradi” degani.

Xullas, Oliy kengash raisi masalani ovozga qo’yib yuboraman, der ekan, zaldan yana shovqin ko’tariladi. Lekin rais masalani ovozga qo’yadi.

YO’LDOSHEV: O’tmadi.

IZOH: Zalga ko’rsatilgan tabloda tarafdorlar 149, qarshilar 220, betaraflar 41, ovoz bermaganlar 21, ja’mi 431 degan yozuv paydo bo’ladi. Bu bilan ayni paytda Shovruq Ro’zimurodovning o’limiga ham hukm o’qilgandi. Chunki oradan bir necha yil o’tib u, haqiqiy ma’nodagi pahlavon yigit qamoqda qiynoqlardan jon bergandi. Shunday kunlar kelishini oldindan sezgan kabi Toshkent shahridagi Kuybishev tuman xalq deputatlari kengashing raisi Shuhrat Nusratov so’zga chiqadi.

NUSRATOV: Salom alaykum o’rtoq deputatlar. Maning bitta aybim bor. Zamonaning farzandiman. Balki qurboni hamdirman. Rus tilini o’zbek tilidan yaxshiroq, puxtaroq bilaman. Shuning uchun ruxsat bersanglar, juda ham muhim narsani qo’ymoqchiman, o’shani rus tilida gapirsam.

YO’LDOSHEV: Yo’q, kun tartibi bo’yichami?

NUSRATOV: Kun tartibi bo’yicha. Hurmatli deputatlar, Oliy Kengashning navbatdan tashqari 7-sessiyasi kun tartibiga quyidagi qo’shimcha masalalarni kiritishni so’rayman.

1.O’zbekiston prezidentining 1991 yil 26 Sentyabrda O’zbekiston Xafsizlik xizmati tashkilotini qayta tuzish borasidagi Farmonining bu tashkilotni Oliy kengashni chetlab o’tib to’ppa-to’g’ri prezidentga bo’ysundirish borasidagi qismini bekor qilish.

Umuman bu farmonni xalqqa qarshi, konstitutsiyaga qarshi, demokratiyaga qarshi bo’lgani va diktatorona bo’lgani uchun bekor qilish. Shu farmonning 2-moddasini o’qib bermoqchiman. “Milliy Xavfsizlik xizmati to’pa-to’gri prezidentga bo’ysundirilsin”, deyiladi bu moddada va bunday hol biror demokratik davlatda yuz bermaydi. Hatto biror totalitar davlatda ham bunchalikka borilmaydi. Mamlakatning razvedka, kontrrazvedka boshqarmalari barcha texnik asoslari va barcha eski ishlari bilan birga Oliy Kengash nazoratidan chiqarilib, bir kishining qo’liga berilmoqda. Bu tasavvur qilish va bunga yo’l qo’yish mumkin bo’lmagan narsa.Yoki bizni 30-40 yillar kutmoqdami? Oqibatlarni taxmin qilish mumkin emas. Ayniqsa bizning prezidentning quyushqonga ham sig’maydigan xarakteri bilan.

2. Men Ro’zimurodov masalasini boshqa jihat bilan qo’ymoqchiman. Qashqadaryolik deputat Ro’zimurodovning daxlsizlik haqqi poymol qilingani masalasi kun tartibiga kiritilsin. Men uning aybdor yoki aybdor emasligi masalasini ochiq qoldiraman. Agar aybdor bo’lsa jazosini olishi kerak. Bu sudning ishi. Hozirgacha ular bu ishni qoyil maqom qilib qo’yganga o’xshaydilar. Oliy kengash deputatini qamoqqa olishni faqat Oliy kengashning o’zi hal qiladi, ya’ni bizlar. Agar biz bu masalada o’z ovozimizni bermasak, ertaga bizni ham qamashadi.(Qarsaklar)

IZOH: Raislik qiluvchi qo’ng’iroqni chaladi va Nusratov kun tartibi belgilanishida reglament yo’qligini aytib, so’zida davom etadi.

NUSRATOV:Uch oydan ziyod vaqtdan beri bizning safdoshimiz bo’lgan deputat biz tomondan tasdiqlanmagan qaror bo’yicha qonunsiz ravishda turmada saqlanmoqda. Bu esa prezident istagan paytda bizlardan har birimizni qamoqqa oldirishi mumkinligini ko’rsatadi. Prezident xoxlaganini biz bilamiz. Prezident uni qamadi. Men bu masalani kun tartibiga kiritib, Ro’zimurodovni darhol ozod qilishni va bu yerga olib kelishni taklif qilaman.

IZOH: Oraga yana raislik qiluvchi kiradi. Ammo partiya ishida chiniqqan Nusratov unga “Xalaqit qilmang, men baribir so’zimni davom yettiraman”, deb javob qiladi.

NUSRATOV: Men konstitutsiyaviy qo’mita raisi, akademik O’razaevga murojaat qilaman. Shavkat Zakarievich, bizning xalqimiz sizga ma’lumot berdi, sizni akademik darajasiga chiqardi, siz nimaga ega bo’lsangiz buning uchun xalqimiz oldida burchlisiz. Siz asl xalqdan bo’lmaganingizga qaramasdan deputatlar baynalminallik ko’rsatib, sizga Konstitutsiyani himoya qilishni ishondilar. Bu ishonchni oqlang va mening nazarimda qonunsiz bo’lgan bu ikki hujjatga baho bering, endi. Konstitutsiyaviy qo’mita xulosasi bo’lmasdan deputatlar uzil-kesil qaror bera olmasliklarini bilasiz. Agar bu borada Konstitutsiya talablari buzilgan bo’lsa va Konstitutsiyaviy qo’mita buni tan olsa, prezident ketishi kerak.

Respublika KGB raisi Alievga murojaat qilaman. Bosh prokuror Bo’ritosh Mustafoyevga, Oliy kengash qonunchilk qo’mitasi raisi Erkin Xalilovga murojaat qilaman. Erkin, huquqshunos sifatida o’z xulosangni ayt. Qolganlar ham huquqshunoslar sifatida o’z fikrlaringzini aytinglar, darhol, hozir! Siz to’rtalangiz bugun o’z tanlovingizni qilishingiz kerak, deputatlardan mening taklifimni qo’llashlarini so’rayman.

Konstitutsiyaviy sud tanaffusda ko’rib chiqib, Ro’zimurodovni qamoqqa olish qonuniy bo’lganmi, yo’qmi, aytsin. Yuqorida nomlari aytilgan huquqshunoslar bu yerga chiqib o’z fikrlarini aytsinlar va xalq bilsin, ular o’z kasblariga loyiqmi yoki yo’qmi? Bugun biz bu yerda o’tirganlar yo demokratiyani yoki diktaturani tanlashimiz kerak. Ora yo’l bo’lmaydi. O’rtoq Yo’ldoshev mening taklifimni ovozga qo’ysangiz.

YO’LDOSHEV: Men ham rus tilida aytaman. Biz hammamiz ochiq eshikka o’zimizni urmoqdamiz. Biz Ro’zimurodov haqida kelishib oldik. Sessiya oxirida oliy sud raisi informatsiya beradi deb. Bunga boshqalarning ham nomi qo’shilmoqda. Xo’sh ularni eshitgan bilan nima o’zgarardi?

IZOH: Shu payt Nusratov yana o’rnidan turib masalani ovozga qo’yishni talab qiladi. Zalda shovqin ko’tariladi.

YO’LDOSHEV: Biz bu boradagi masalaga ovoz berib bo’lganmiz.

IZOH: Yana so’zga Karimov qo’shiladi.

KARIMOV:(Avvaliga rus tilida gapiradi, keyin o’zbekcha davom yettiradi) Men janob Nusratovga biroz ma’lumot berishim kerak. Chunki u qiziqqonlik bilan, hayajon bilan gapirdi. Ko’rinib turibdiki, o’rtoqlar bugungi sessiyaga tayyorlanganlar va o’zaro bir-birini qo’llash sezilib turibdi.O’zbekcha gapirganda, gap shunday bo’layaptiki, bugungi kun tartibiga, bugungi prezident sayloviga qattiq kimdir tayyorgarlik ko’rib, shu masalalarni bir-biri bilan bog’lab, Ro’zimurodov masalasi va boshqa masalalarni ham shunga ulab qo’ymoqchi.

Lekin shu masalalarning hammasini rad qilmasdan, shoshilmasdan, o’pkani bosib, kelishib olishimiz kerak. Lekin o’rtoq Nusratov KGB haqida gapirdilar, nima uchun bunday ukaz chiqqani haqida men sizlarga axborot berishim kerak. Lekin mening sha’nimga og’ir gaplarni aytmasdan o’rtoq Nusratov oddiy bitta zapros qilsa ham bo’lardi. Nima uchun shunday bo’ldiyu… oldin mani javobimni eshitib, keyin xulosa chiqarsa, to’g’ri bo’lardi. Nima deganda bo’tdagi qarama-qarshilik hech narsaga olib kelmaydi, balki jamiyatimizni bo’lib, boshqa respublikalarda bo’layotgan qarama-qarshilikka olib keladi.

Bugun yo demokratiya, yo o’lamiz, degan gaplar, bularni bo’tda aytishga hojat yo’q. Hamma gaplarni u demokratiyaga tegishli bo’lsa ham bizar juda chuqur o’ylab bir-birimizni shaxsimizga tegmasdan ko’rib chiqishimiz zarur. Shuning uchun KGB to’g’risida gapirsak, ko’pchilikning e’tiboriga bu masala yangi emas, mamlakatda KGB butunlay, hozir, to’kilib ketayapti. Qarorlar chiqayaptiki, mana shu KGB SSSR bo’yicha ertaga, mutlaqo bo’lmaydi. Shu nuqtai nazardan Ukraina yaqinda bir qaror qabul qildi. O’rtoq Nusratov shu qarorni ham o’qib chiqishi kerak edi.Shu qarorda, o’rtoq Nusratov, yozilganki uka, shu qarorda aytilganki, shu KGBni hozircha prezident saylovi bo’lguncha, vaqtincha Oliy kengash raisiga bo’ysindirish, uni KGB emas, hozir nomi boshqarma dedik, xizmat ham deyish mumkin.

Buni Ukrainaning prezidenti 1-dekabrda saylanguncha, e’tibor beringlar, saylaguncha uni Oliy kengashning raisiga qarash to’g’risida qaror qabul qildi.Shuning uchun man Karimov bo’lib, O’zbekiston jumhuriyati prezidenti bo’lib, hech qanaqa o’zboshimchalik qilganim yo’q va aytaylik, demokratiyaga xilof narsa qilganim yo’q. Man o’ylaymanki, bu masalani ko’rib chiqishimiz mumkin. Manga ham qo’shimcha yuk kerak emas.

Agarki, KGB to’g’risida gapiradigan bo’lsak, KGBni Oliy kengashga ham qaratib qo’yishimiz mumkin. Bu hech narsa emas. Lekin KGBni ishi shunday operativ bo’ladiki, shunday tez hal qilinadigan bo’ladiki, mana masalan ertaga chegarani birortasi buzsa, aytaylik, O’zbekiston suverenitetiga bir narsa xilof bo’lsa, bu komitet kechayu kunduz ishlab, bir soatda, yarim soatda qaror qabul qilishi kerak. Agar shuni hurmatli deputatlar prezident qaramog’iga bermasdan boshqa, aytayliik, Oliy kengash yoki boshqa takliflar bo’lsa man jonim bilan roziman.Lekin umuman mana shu KGBni yo’q bo’lishi munosabati bilan bizlar mana shu Xavfsizlik kengashini tashkil qilib, o’zimizni O’zbekistonni qaramog’iga olish masalasida man sizlarga shu fikrni bildirmoqchiman.

Agar shu sessiya aytsaki, shuni Oliy kengash qaramog’iga olaylik, desa man aynan bir marta aytaman, man joni dilim bilan roziman. Mana, o’rtoq Nusratov, uka, masalani shunday qo’yish mumkin. Bu totalitar, aytaylik, intilish emas. Hech qanaqa, aytaylik, shunga intiladigan harakat ham emas. Shu nuqtai nazardan men shaxsan deputat zaprosingziga shunday tushuntirish beroqchiman.

IZOH: Islom Karimovning gapni boshqa tomonga burib yuborishga ustaligi shu erda ham bilinib turibdi. Birinchidan, SSSR KGBsi 1991 yilning Avgustida prezident Mixail Gorbachevni hokimiyatdan ag’darish, yana kommunistik rejimni tiklash fitnasida asosiy rol olgani bois qayta qurilayotgan va barcha mustaqil davlatlarda umumxalq saylovlari o’tguncha bu tashkilot Oliy kengashga bo’ysundirilib, tekshiruvga olingan edi. O’zbekistonda esa bu masalaning ahamiyati shunda ediki, SSSR Oliy kengashi GKChP deb nom olgan davlat to’ntarishi aybdorlarini topish bo’yicha tuzgan komissiyasi fitnada Islom Karimovning ham ishtiroki bor, degan iddaoni ilgari surgan va bunga O’zbekistonlik demokrat deputatlar ham ishongan edilar.

Birinchidan, fitnaning boshida turgan Yanaev voqeadan oldin Toshkentga kelib, kommunistlarning qurultoyini o’tkazgan va fitna kunlari faqat O’zbekiston va Qozog’istonda kommunistik intizom hukmron, deb bu respublikalar rahbarlarini maqtadi.

Ikkinchidan, fitna kuni Hindiston safaridan qaytayotgan Islom Karimov uchqichdan turib, Yanaevga tabrik telegrammasi yuborgani hammayoqda gap edi.

Uchinchidan, Karimov fitna, uch kunda mag’lub bo’lgunga qadar munosabatni bildirmadi. Aksincha, O’zbekistonda fitnaga qarshi chiqqanlar ta’qib etildilar, qamoqlarga tiqildilar, hatto bir necha daqiqada sud qilinib, qamalganlar bo’ldi.

Mana endi fitna ishtirokchilari qamoqqa olingan, qolganlarning ham nomi birma-bir ayon bo’lar ekan, O’zbekiston Oliy kengashidagi deputatlar O’zbekston KGBsini majlisga bo’ysundirish va fitna bilan bog’liq masalani o’rganmoqchi edilar. Buning ustiga o’sha kezda Gorbachev KGBni biroz ochiq tashkilotga aylantirgani bois juda ko’p sirlar tashqariga chiqayotgan edi.

Masalan, Karimov Sharof Rashidov masalasini ko’targan deputatlarga qo’shilgan kunlarda u kommunistik rejim paytida Davlat planlashtirish qo’mitasi raisi ekan, Rashidovni KGB binosi yonidagi qabridan chiqarib tashlash qaroriga imzo qo’yganini ko’rsatuvchi hujjat Oliy kengash a’zolari qo’lida paydo bo’lgandi va hokazo. Karimov shu bois ham apal-tapal mavjud Konstitutsiyaga zid bo’lishiga qaramasdan bu tashkilotni o’ziga bo’ysundirib, Qashqadaryo viloyatida o’zi bilan birga ishlagan oshnasi G’ulom Alievni unga rahbar qilib olib kelgandi. Butun gap ana shunda edi. Endi Karimov sessiyada ustalik bilan gapni boshqa tomonga burib yubordi. Garchi sobiq KGBni Oliy kengashga bo’ysundirishga jonim bilan roziman desada, o’sha kuni hovurlar bosilgandan keyin bu masalani butunlay muhokamadan chiqarib tashlashga erishdi.

YO’LDOSHEV: Umuman hozir…

KARIMOV: Bu KGB to’g’risida… Ikkinchi masala, Ro’zimurodov haqida bo’lsa, siz taklif qilgan masalangizni ovozga ham qo’yish kerak emas.Taklifingiz to’g’ri. Ro’zimurodov haqida deputatlarga qanday ma’lumot kerak bo’lsa, uni shu bugunning o’zi berish kerak. Mana Oliy sudning kattasi, Konstitutsion sudni kattasi, sud deyiladimi bizada, yoki komitet deyiladimi? Mana bularni kattasi kim bo’lsa ham, lozim topsangiz shularga hozir topshirsagu kunni oxirida yoki qachon bular tayyor bo’lgandan keyin shu masalani sizlarga ma’lumot bersa hech qanaqa qarshilik yo’q.

IZOH: Bu yerda ham Karimov aslida raislik qiluvchiga ko’rsatma bermoqda. Gap shundaki, Oliy kengash reglamenti, ya’ni ish tartibi bo’yicha ma’lumot muhokama qilinmaydi. Faqat e’tibor uchun qabul qilinadi. Ma’lumot yozma ravishda ham tarqatilishi va shu bilan ish bitishi mumkin. Shu bois Karimov ko’pchiligi sodda bo’lgan deputatlarni laqillatib, masalani ma’lumot tarzida qo’yishni istamoqda edi. Lekin gap qonunlar buzilgani haqida borayotgandi.

NUSRATOV: Mana Konstitutsiya buzildi. Man shu masalani komitet ko’rsin degan, taklif qildim. Shuni ovozga qo’ysinlar.

YO’LDOSHEV: Yaxshi, Shuhrat Nusratovich, endi bitta narsa borda bizda, o’zi kun tartibida bor. Prezidentning farmonlarini tasdiqlash to’g’risida.O’shanda shu farmonga kelganda buni batafsil muhokama qilinib, bitta qarorga kelinadi.Buni hozir, deylik, shishirib muhokama qilishni hech hojati yo’q. Biz hozir sizlar bilan kun tartibini ko’rayapmiz, kun tartibini.Endi Shovruq Ro’zimurodov to’g’risida men Shuhrat Nusratovich bergan taklifni ovozga qo’yaman.

NUSRATROV: Meni taklifim bo’yicha Konstitutsiya buzilgani haqidagi masalani konstitutsiya komitetiga beraylik, ular o’z xulosasini bersin.

YO’LDOSHEV: Man shuni aytayapmanda…

IZOH: Raislik qiluvchi ishoralarini yaxshi tushunmaganidan Karimov bezovta bo’ladi va jahl bilan yana uning so’zini bo’ladi.

KARIMOV: Yo’q kechirasiz, bu masalada, katta, hozir masala qo’yilayaptiki… qonun bo’yicha, quloq solinglar, o’rtoq Nusratov bizani ochiq gapirishga nima qilayapti… agarki, Konstitutsiyada yozilganki, agar prezident qonunni buzsa, uni aytaylik, qaytarib lavozimdan tortib olishga asos bo’ladi degan gap bor. O’rtoq Nusratovning hozir astoydil gapiradigan gapi tagida mana shu gap bor. Ki, bizar hozir bir qarorga kelsakki, shu prezidentga qaratib qo’yish kerak, degan nuqtani man agar noto’g’ri yozgan bo’lsam, ki man qonunni buzgan bo’lsam, ertaga asos bo’ladi Karimovni prezidentlikdan chaqirib olish. Mana bunday masalani o’rtoq Nusratov ochiq qilib aytishi kerak. Mana shunday gap bo’layapti. Gap shundayki, prezident qonunni buzdimi yoki buzmadimi? Mana shu masalani bunday qo’ymoqchi bular. Man aytmoqchimanki, agarki mana shu KGBni butunlay yo’q qilib, bu qonun noto’g’ri bo’lsa, bu qonunni buzish emas, aytaylik bir qonunni ma’nosini ham o’zgartirish, man farmonni nomini yoki ma’nosini ham o’zgartirish to’g’risida man roziman, agarki Konstitutsiya boshqa-boshqa nimalar aytsaki bu qonunni o’zgartirish kerak, desa bu boshqa gap.

IZOH: Gap biror bir qonun emas, balki Konstitutsiyaga xilof ravishda chiqarilgan Farmon haqida borayapti. Karimovning bu nutqi oldingilariga qaraganda ancha chalkashroq. Chunki u boshi berk ko’chadan chiqishga yo’l qidirmoqda va orqaga chekinib, chiqib ketish uchun chora izlamoqda edi.

KARIMOV: Lekin asosiy mazmun boshqa ishda ketayapti. Lekin ochiq aytishimiz kerakki, bu oldindan tayyorgarlik ko’rib, ba’zi bir o’rtoqlar mana shu masalani u tomonadan bu tomondan olib kelib bitta masalani qo’ymoqchiki, bu prezident diktator bo’ldiyu bu prezident, aytaylik, nimani, qonunni buzdi. Qonunni buzsa, ertaga sizlarga ovozga qo’yadiki, shu masalani hisobga olib, asoslab Karimovni prezidentlikdan ozod qilishni…Shuni ham to’g’ri bilinglar.

IZOH:(Zalda shovqin…) Sessiya oldidan “Toshkentliklar fitna uyushtirib, Karimovga qarshi chiqishmoqchi” degan gap tarqatilgandi. Bu gapni asoslash uchun Karimov vakillar palatasida kutilmaganda Prezident saylovi haqidagi qonun loyihasi va prezidentlikka nomzod masalasini ham kun tartibiga keltirgan. Mirsaidovni esa vakolatlari cheklangan vitse-prezidentlikdan keng vakolatli Bosh vazirlikka o’tkazishni taklif qilgandi. Mazkur sessiya oxirida shu narsa ayon bo’ladiki, saylov haqidagi qonun loyihasi aslida keyingi sessiya uchun tayyorlanayotgan ekan va pishmasdan bu sessiyaga olib chiqilgan. Shu bois ish bitib, eshak loydan o’tgach, bu masalani keyingi sessiyaga qoldirishadi. Lekin hozir deputatlarda toshkentliklar Mirsaidov boshchiligida hokimiyat uchun kurashishmoqda, Karimov shuncha katta lavozim bersa ham ko’nmayapti, prezidentlikka Islom Karimov nomzodi qo’yilishidan norozi, degan fikrni paydo qilish uchun bu kerak bo’lgandi.

Demokrat deputatlarning prezidentni tanqidga ko’niktirish yo’lidagi urinishlari jiddiy ekanligi va ular bu maqsadlaridan qaytmasliklarini bilgan Karimov guruhi “toekentlik” degan o’yinni ishga solganini keyinchalik oshkor qilib qo’yishdi.

Mahalliychilik, odamlarning qon-qoniga singib ketganidan foydalanish esa kommunistik rejimning asosiy qurollaridan biri. Balki demokrat deputatlarning Karimovning zulmiga qarshi chiqishini va buni ular ochiq oydin tayyorlashayotganini bilgan ba’zilar bundan foydalanib qolishga ham uringan bo’lishlari mumkin. Lekin demokrat deputatalarning ro’yxati bo’yicha birinchilardan bo’lib Oshkoralik qo’mitasi raisi Erkin Vohidov, Fan va madaniyat qo’mitasi raisi Ahmadali Asqarovlar so’zga chiqishi kerak bo’lgan holda ular sessiyada jim o’tirishdi. Bugunga qadar ham ular sessiyadan bir kun oldin kechki ziyofatda Islom Karimov bilan nimalarni muhokama qilganlarini sir saqlab kelmoqdalar.

YO’LDOSHEV: Nimani janjalini qilayapmiz, man tushunmayapman. Mana Oliy sudga, qonunchilik komitetiga, Konstitutsion sudga topshiraylik, shu ko’rib chiqib, o’z xulosasini aytsin. Marat Zohidovich sizda ham shu masalami?

ZOHIDOV: (Ruscha gapiradi):Shuhrat Nusratovich, men sizga javob bermoqchiman. Men huquqshunos emasman, men matematik, men mexanik. Lekin men esltmoqchiman, qachon SSSR prezidenti Gorbachev Sadovaya halqasi ichida mitinglar qilmaslik haqida farmon chiqarganda Alekseev boshchiligida Konstitutsiyaviy kometet bu farmonni bekor qildi. Bu bir yil oldin bo’lgan edi va hozirga qadar ham prezident vazifasidan bo’shatilgan emas. Shuning uchun kerakli qonunlarga ko’ra, kerakli xulosalar qilish kerak. Bu birinchi masala, ikkinci masala, hozir prezident aytdiki, menga ham ma’lum bo’ldi, haqiqatdan ham deputatlar orasida, ayniqsa, kun tartibiga prezidentni umumxalq saylovi orqali saylash kerak, degan masala kiritilishi munosabati bilan prezidentga baho berishda har turli qarash bor.Biz prezidentni bu yerda saylaganimizdan keyin o’tgan bir yarim yil ichidagi faoliyatini kun tartibiga kiritaylik. Biz umumxalq sayloviga kelmoqdamizmi, demak biz qandaydir natijalar qilishimiz kerak. Bu ochiq bo’lishi va reglamentsiz bo’lishi kerak. Men ham bu masalada tayyorgarlik ko’rganman va so’zga chiqaman.

IZOH: Shuni aytish kerakki, Marat Zohidov biz tayyorlagan, 12 sahifadan iborat holda barcha deputatlarga ochiq tarqatilgan maktubdagi talabni takrorlamoqda edi. Uning o’zi ham oxirgi daqiqalarda shu maktubga qo’l qo’ygan. Ammo bu maktubda prezidentni bo’shatish talabi yo’q va aksincha u yo’l qo’ygan kamchiliklar ochib tashlangan hamda uning hisobotini eshitish, umuman vaqti-vaqti bilan prezidentning hisobotini eshitib turishga chaqirilgandi.

Ammo sessiya charxi boshqa tomonga aylangach, Marat Zohidov to’nini teskari kiyib, demokrat deputatlarni Moskvaning josuslari, deb ayblaydi va tekshirish uchun komissiya tuzishni talab qiladi. Karimov tavsiyasi bilan Erkin Vohidov rahbarligida shunday komissiya tuziladi ham. Lekin bu hali keyin. Hozir esa…

ZOHIDOV: Keyingi masala, bugun Mirsaidov haqida ham gap bo’lmoqda. Bu ham kun tartibiga kiritilgan. Men yaqinda bir rahbar bilan gaplashdim. U Anatoliy Stepanovich Efimov. U sobiq rahbar va hozir hech qanday vazifada emas. Men uch kun oldin shahar sovetida uni SSSR Oliy soveti ro’yxatiga kiritishga qarshi chiqdim. Keyin u bilan Mirsaidov haqida ham gaplashdik. Efimov aytdiki, Mirsaidov hokimiyatga intilmoqda. Bu jiddiy masala. Bizning rahbariyatda kelishmovchilk boshlanmoqda. Men bilaman, faqat ba’zi deputatlar orasida emas, men talabalar vakiliman va bilaman talabalar orasida ham har xil gaplar tarqalmoqda. Men mart oyida Mirsaidov haqida “Norodnoe Slovo”ga suhbat bergan edim. Men o’shanda aytgan edimki, mana shu bo’lmag’ur tartibsizlar paytida talabalarni tinchlantirish uchun bir respublika rahbari kelgan edi, deb. Gazeta Mirsaidov familiyasini tushirib qoldirgan. O’shanda u hushyor emas, deb gap tarqatildi. Lekin bu yolg’on va uni qoralash uchun tarqatilgan bo’htonlardir. Yana shunaqangi mish-mishlar. Agar shunday bo’lsa, biz Mirsaidovni chaqirib bunday yo’ldan fodalanilmaydi, deb aytishimiz kerak va prezidentning faoliyati haqidagi masalani yana bir bor kun tartibiga kiritishni so’rayman.

YO’LDOSHEV: Shu gaplarni hammasini o’sha kandidaturalar muhoka qilinganda aytsa bo’ladiku? Biz mana bosh vazir haqida qo’shdik. Kun tartibini aniqlab olaylik, o’rtoqlar.

IZOH: Fan va xalq ta’limi qo’mitasida ishlaydigan sirdaryolik demokrat deputat Hamza Eshnazarov so’zga chiqadi:

ESHNAZAROV:385-saylov okrugidan Eshnazarov. Hurmatli deputat o’rtoqlar, biz nima uchun inson huquqi, deputatlar huquqi to’g’risida ko’proq to’xtaladigan bo’ldik. Ayniqsa, shu bugungi kunga kelib. Mening fikrimcha prezidentimiz juda to’g’ri gapni gapirdilar, tayyorgarlik ko’rib kelgan bo’lsa kerak deb, tayyorgarliksiz ham kelish mumkin-mi, sessiyaga?

Endi mana shuning boisini tushuntirib, o’zimning fikrimni aytmoqchiman, inson huquqi haqiqatda poymol bo’layotganligi rost. Nafaqat inson huquqi, deputatlarning ham huquqi poymol bo’layotganligi fakt. Esingizda bo’lsa O’zbekiston Xalq deputati Inomjon Tursunov militsiya xodimlari tomonidan kalataklanganligi, bundan olti oy oldin bo’lgan, bu haqda men deputatlik so’rovini bir necha deputatning imzosi bilan topshirgan edim. Shu Oliy kengashning prezidiumi o’zining zimmasiga hamda prokurorga topshirgan edi .Bugungacha javob yo’q-ku? Nega biz endi inson huquqi, deputatlarning huquqi poymol bo’layotganligini tan olishni istamaymiz.

Birinchi taklifim, ana shu Inomjon Tursunov to’g’risidagi masala bugungi sessiyaga kiritilishi kerak.

Ikkinchisi, Ro’zimurodov to’g’risida qaror qabul qilindi. Men bunga qarshi emasman, lekin Oliy sovet prezidiumi qarorini sessiyada tasdiqlashimiz kerak edi-ku? Nega bu masala bizning sessiyamiz kun tartibiga kiritilmasligi kerak? Juda ko’p o’rtoqlar bu haqda juda tashvishlanib gapirishdi. Bugun Tursunov, Ro’zimurodovning boshiga tushgan ertaga har qaysingizning boshiga tushishi mumkin. Bu, hech kim garantiya bergan yo’q. Buning ustiga bir kishining diktati bilan ana shu qaror qabul qilindi.

Birinchi kuni Oliy kengash prezidiumi qabul qilmagan edi. Ikkinchi kuni majbur qilib, hurmatli prezidentimizning topshirig’iga muvofiq bo’lsa kerak, men yana adashgan bo’lsam uzr so’rayman, bu qaror qabul qilindi. Axir bu insofdan emas-ku? Axir bu qonundan emas-ku? Ana shu ikki masala kun tartibiga kiritilishini juda qattiq talab qilaman.

YO’LDOSHEV: Biz bu masalani ko’rib chiqdik-ku?!

ESHNAZAROV: Men Inomjon Tursunov haqida prezidiumning xulosasini va prokurorning javobini, keyingi sessiyada axborot beriladi, deb aytilgan edi, lekin oradan uch oy o’tib ketdi, ishonmaganlar o’sha sessiyani stenogrammasini ko’tarib ko’rsin. Biz yuqoridan turib kun tartibini belgilab qo’yuvchilarning aytganlarini tasdiqlab beruvchi kishilarga aylanib qolganimizni tushunishimiz kerak. Bu kechirib bo’ladigan hol emas. Har qancha dono kishi bo’lsa ham, rahbariyat, mayli ishonishimiz kerak, hurmat qilishimiz kerak, lekin 500 deputatni saylab qo’ygan bo’lsa, buni nomini sessiya deb qo’ygan bo’lsa, bu odamlarning ham fikrini inobatga olishi kerak-da axir! Agar inobatga olinmaydigan bo’lsa, yuqoridan aytiladigan hamma gaplar tasdiqlanib yuboriladigan bo’lsa bu odamlarning nimaga keragi bor? Shuning uchun men taklif qilaman, mana shu ikki taklif bo’yicha masalani ovozga qo’yishingizni.

IZOH: Oliy Kengash reglamenti bo’yicha deputat taklif qildimi rais uni ovozga qo’yishi va qabul qilib, qilinmagani shu yo’l bilan hal etilishi kerak. Lekin…

YO’LDOSHEV: Bu ikkita masala ham kun tartibiga kiritilib bo’ldi, Deklaratsiya to’g’risida gaplashdik. O’sha erda huquq, erkinlik haqida hamma gap bo’ladi. Muhokama davrida bunaqa gaplarni gapirish kerak. Endi mani taklifim bor, mana shu kiritilgan takliflarni e’tiborga olib, kun tartibini tasdiqlash.(Zalda norozilik.)

Mana kun tartibi bo’yicha uch kishiga so’z beraman.

IZOH: Karimov “Tugating”, deydi Yo’ldoshevga.

YO’LDOSHEV: Shu bilan tamom.

SALIMOV-292-Bulung’ur saylov okrugidan Salimov. Birinchi sessiyalar yaxshi o’tdi. Birinchi sessiyamiz olti-sakiz kun davom etdi. Keyin uch kun davom etdi. Keyingilari hammasi bir kunda tugayapti. Lekin juda ko’p qonun qabul qilayapmiz. Qonunni 5 yoki 10 minutda bitta odamning informatsiyasi bilan qabul qilinmaydi. Masalan GAI xodimlari, umuman militsiyani kuchaytirish bo’yicha qonun birinchi martada qabul qilinmadi. Ikkinchi marta rayosatdan turib gapirgan odamlarning gapi bo’lgani uchun hammasi…. poimyonniy bo’lgandan keyin hamma familiya oldida turadi, shuni uchun qo’rqqanidan ko’p odam o’shani yana qaytadan saylab yuboradi-da. “Yopiq” degan narsa bor, “ochiq “ degan narsa bor.

IZOH: Bu yerda deputat ovoz berishdagi muammoni aytmoqda. Ovoz berishdan oldin raislik qiluvchi masalani yopiq yoki ochiq ovozga qo’yishni tasdiqlatib olishi kerak. Agar yopiq bo’lsa, ovozlarni qayd etish mashinasi ismlarni ko’rsatmasligi kerak.

SALIMOV: Masalan, aktual masala ko’rilgan paytda yopiq ovozga qo’yilsin, deb aytish kerak. Buni bizga o’rnatgan paytda aytdi-ku, yopiq ovozga qo’yilsin, degan paytda bu yerda o’tirgan odamlarning bittasining ham familiyasi tushmaydi, dedi. Lekin shuning uchun ham juda ko’p masalalar og’ir bo’layapti.

Ikkinchidan, mana bu sessiyalarni olib borishda juda katta xatolarga yo’l qo’yilayapti.Chunki parlament ishida deputatlardan hammasi qatnashgan emas. Endi birinchi navbatda qatnashayotgan odamlar bor. Raisdan iltimos, mana ilgari, mayli ko’rib chiqamiz va zalga uchta mikrofon o’rnatamiz, deb aytgan edi. Men o’zim vrachman, lekin bilaman-ki mana shu o’tirgan joyimizdagi bitta mikrofonni olib, zalga qo’ysa ham o’sha mikrofon bo’lib ishlaydi. Men elektronik emasman. Hozir masalan, yonimda o’tiradigan Viktor aka bilan gaplashib o’tirgandim, shuni qilish mumkin edi.

Uchinchidan, shu erda “Xalq so’zi” gazetasining redaktori Ahmadjon Muxtorovni bizlar hammamiz davlat arbobi, deb sayladik, redaktor qilib, lekin kechagida Rayosat uni olib tashladi. Kecha taklif kiritildi, Ahmadjon akani yana qaytadan qo’yib, o’zidan eshitaylik. Rayosatning hujjatlari hammaga tarqatib berilsin, dedik. Hozirgi redaktor ham Samarqanddan. Ahmadjon aka ham Samarqanddan. Men u kishi bo’lsin yoki bu kishi bo’lsin, deb aytmoqchi emasman. Lekin bu ham sessiyaning ishlari butunlay og’irlashib ketayotganidan dalolat beradi.

Keyin mana ko’p masala ko’rsatilayapti. Masalan, Konstitutsiyaning buzilmasligi haqida. Masalan mening shaxsan o’zim saylanayotgan paytimda meni sudga berishdi. Agar deputat bo’lib saylanmaganimda meni qamar edi, deputat bo’lganimdan keyin “Sizning ishingizda hech narsa yo’q ekan” deb qo’ygan. Shuning uchun sud masalasi, KGB masalasi, harbiy komissariat to’g’risidagi masala hammasi Rayosatga emas, asosiy sessiyaga quloq solib hal etilishi kerak. Lekin ekstrenniy masala bo’ladigan bo’lsa uni ham chiqib aytish kerak.Lekin bugun ham…

IZOH:Tugating, degan qo’ngiroq chalinadi.

SALIMOV:3-munut gapirayapman…Sessiyani bugun tugatish masalasida. Qo’yilayotgan masalalarni muhokama qilish qancha davom etadi bilmayman, lekin ularni eshitish kerak. Keyin yana bitta narsa, deputatlarning o’tiradigan joylari almashib ketgan. Ko’p odam taklif qilingan, ularning kimligini ham bilmaymiz. Kim yer tepayotgani ham bilinmaydi. Masalan Shavkat Muhitdinovich, siz “Muhokamani to’xtatamizmi?”, desangiz, ikki tomondan ikkitasi turib “To’xtatamiz” deydi. Siz bu yoqda turgan odamlarga qaramaysiz-da, o’sha ikki kishiga qarab, “To’xtatamiz” deysiz. Shuning uchun bu narsalarni qaytadan qarab chiqilishini so’rayman.

YO’LDOSHEV: Demokratiyani har xil tushunar ekanmiz-da. Shu… Yo’q siz uchinchi marta chiqayapsiz, Jahongir aka.

IZOH:Men bir minit uchun so’z so’rayman, deyishimga qaramasdan ham rais so’z bermaydi.

YO’LDOSHEV:Men mana va’da qilganman, ikkita o’rtoq. Aniq taklif uchun….

ALIEV: 348-Qumqo’rg’on saylov okrugudan Aliev, hurmatli deputatlar.Men avvallo Oliy sovet prezidumiga shunday deputatlik so’rovi bilan murojaat qilmoqchiman. O’tgan 5-sessiyadan keyin Oshkoralik qo’mitasi prizidium tomonidan tugatildi. Keyin navbatdan tashqari sessiyadan oldin qo’mita yana qaytadan tiklandi. Vaholanki qo’mitani tugatish yoki uning tarkibiga o’zgartirish kiritish faqat sessiyaning vazifasiga kiradi. Shu masala bo’yicha Shavkat Muhitdinovich, deputatlik so’roviga javob bersangiz.

Ikkinchidan, mening sessiya kun tartibiga shunday qo’shimcham bor. Shu yilning 18-21 avgust kunlari mamlakatda davlat to’ntarishi bo’ldi. Shu masala bo’yicha ham O’zbekistonning adresiga juda ko’p toshlar otildi. Men bu borada boshqa jumhuriyatlarda bo’lgani kabi bizda ham deputatlar bu masalani muhokama qilib, o’z fikrlarini bildirishlarini iltimos qilardim. Chunki men o’zim “Axborot”da ko’rdim, mana shu erda o’tirgan katta mansabli deputatlar Yanaevning O’zbekiston va Qozog’istonda tartib bor, degan gaplarini “Mana, bu Yanaev tomonidan bizga berilgan katta baho” deb aytgan gaplari mening qulog’imdan ketgani yo’q. Adashgan bo’lsam kechirim so’rayman, lekin shu masala bo’yicha fikrlaringizni bildirishlaringizni so’rayman.

QODIROV: 45 saylov okrugi, Baxtiyor Qodirov. Hozir ko’tarilayotgan masalalar siyosiy va juda muhim. Lekin mana prezidentimiz aytganlaridek, respublikamizda iqtisodiy ahvol juda og’ir. Afsuski nima bo’layapti, iqtisodiy tomondan qayoqqa ketayapmiz, deputatlar xabardor emas. Respublikamiz iqtisodiy borada dunyodan chetlanib qoldi. Hozir bizlar yanada markazlashtirish bo’yicha ketayapmiz. Tadbirkorlikni rivojlantiramiz, deymizu lekin amalda hech gap yo’q. Shuning uchun men taklif qilardim-ki, bugungi sessiyada albatta prezidentimiz hozirgi iqtisodiy ahvol va qanday yo’ldan boramiz, degan mavzuda aniq, batafsilz informatsiya bersinlar. Shuni tushunib, qayoqqa ketayotganimzini bilib, o’shandan keyin prezident saylovi haqidagi qonunni va kimni tavsiya qilish masalasini ko’rsak. Bu masala kun tartibiga kiritilgandan keyin men o’z fikrimni yanada batafsil aytaman. Men nima uchun bu masalani taklif qilayapman. Mart oyida narxlar oshishidan oldin men prezidentdan ochiq oydin so’ragan edim. O’rtoq Islom Abdug’aniyevich, qaysi yo’ldan biz yuramiz? Qanday programma bo’ladi, deganda, Gorbachev bilmasa, man qayerdan bilaman, ana olimlardan so’ranglar, deb javob bergan edilar. Mana shuncha vaqt o’tdi, man o’ylayman-ki, Islom Abdug’aniyevichning aniq programmalari bor. Hozir biz mustaqil bo’ldik, demak, Oliy kengash qaysi yo’ldan borishimizni bilishi kerak.

YO’LDOSHEV: Endi o’rtoqlar bu taklif bizning kun tartibimizda bor. Biz hamma masalani aralashtirib yuborishga haqqimiz yo’q. Prezidentni saylash haqidagi qonun o’z yo’lida, bu qonunni qabul qilamiz. Kim prezident bo’ladi, kimni nomzod qilib ko’rsatamiz, o’shanda o’z progarammasini aytadimi, bu mutlaqo boshqa masala. Biz shuning uchun ham ularni kun tartibida bo’lib-bo’lib qo’ydik. Qonunni qabul qilish, nomzodni belgilash va saylov kunini belgilash. Vakillar yig’ilishida nomzod qilib Islom Abdug’aniyevich Karimov ko’rsatilsin, deb taklif kiritildi. Mendan chiqmadi bu taklif. Manimcha Pirimqul Qodirov birinchi aytdilar. Boshqa o’rtoqlar qo’llab quvvatladi. Shunda Oliy kengashda nomzodlar muhokama qilinganda o’sha nomzod sifatida chiqib aytadi.

IZOH: Zaldan deputat Toyiba To’laganova minbarga qarab yuradi va so’z so’rab raisga termulib turadi. Lekin so’zni yana Karimov oladi:

KARIMOV: Qisqacha spravka berish mumkin. Bu taklif to’g’ri. O’zbekistonda ahvol boshqa joylarga qaraganda ham keskin, deputatlar albatta axborot bilishi kerak, bugun ahvol qanday, ertaga nima bo’ladi, yilning oxirigacha qanday bo’ladi, har qanday fuqaroning taqdiri qanday bo’ladi, rizqi-ro’zi qanday bo’ladi, 92-yilga qanday tayyorgarlik ko’rayapmiz va umuman mamlakatda bo’layotgan ahvol qandayu O’zbekiston o’zining ertasini qanday ko’rayapti? Bu talab qonuniy talab, bu talab bo’yicha prezident ham, boshqa arboblar ham deputatlar oldida hisob berishga majbur. Keyin esimizdan chiqarmaslik kerak, hamma gaplarni xalqimiz eshitayapti. Shu nuqtai nazardan ham bu gaplar hammasi xaloyiqqa yetib boradi. Shu nuqtai nazardan hisobot berish emas, balki ma’lumot berishni men joni dilim bilan qabul qilaman. Man bilganimni, o’z rejalarimni, rahbariyat rejalarini sizlarga, aytaylik, o’rtoqlashishga man tayyorman.

YO’LDOSHEV:Demak, prezidentning ma’lumotini eshitish kun tartibiga kiritilsin, deyilayapti.

IZOH: Zaldan SSSR xalq deputati Zolotuxin va muboraklik deputat Murod Jo’raev so’z talab qiladilar. Avgust voqealarini, ya’ni Moskvadagi davlat to’ntarishi haqidagi masalani kun tartibiga kiritish talab qilinadi, deputalar Vohid Azamov va Samandar Qo’qonov O’zbekiston rahbarlarining Gorbachevga qarshi fitnaga qo’shilgani masalasini kun tartibiga kiritishni talab qilib, o’rinlaridan turib gapira boshlaydilar.

YO’LDOSHEV: Endi, u Avgust voqealariga bir yarim oy o’tgandan keyin bu yerda baho berishning nima keragi bor! Markaziy komissiya tuzilgan SSSR Oliy kengashi tomonidan. Agar bizning jumhuriyatga tegishli gap bo’lsa, ana undan keyin o’sha axborotni ko’rishimiz mumkin. Hozir nima deymiz? Biz munosabatimizni o’shandayoq aytganmiz. Mana bizda masala bor inson huquqining erkinligi to’g’risida, o’shanda fikrlarni bilish mumkin. Man mana shu qo’shimchalar bilan kun tartibini ovozga qo’yaman.

IZOH: Zalda yana norozilik.

YO’LDOSHEV: Oshkoralik komiteti to’g’risida aytdingiz. Buni men sessiya davomida sizga javobini beraman, dedim. GKChP ga munosabatimizni ayttingiz… Endi bitta ayolga so’z beramiz shu bilan tamom.

IZOH: Karimov kun tartibini ovozga qo’ying, deya raisning biqiniga turtadi.

YO’LDOSHEV: Mana Muqaddam Umarovnaga so’z beramiz, bo’ldi. Genaral masalasida esa SSSR xalq depatutlari sessiyamizda qatnashishi mumkin, lekin ishimizga aralashishi kerak emas. O’tiring, o’rtoq Zolotuxin.

IZOH: SSSR Xalq deputati bo’lgan Zolotuxin Islom Karimovning GKChP davlat to’ntarishidagi ishtiroki haqida hujjatli ma’lumotim bor, deyishiga qaramasdan unga quloq solinmaydi. Toshkent shahar Kirov saylov okrugidan saylangan va Oliy kengashda ishlayotgan deputat Muqaddam Umarovaga so’z beriladi:

UMAROVA:(Ruscha gapiradi) 12-Kirov saylov okrugidan Umarova. Kun tartibini asos qilib qabul qilishdan oldin men so’z so’raganimga qaramasdan menga so’z bermaganlari uchun mana shu masalaga qaytishga majburman. Ikkita masala qo’shimcha ravishda kun tartibiga kiritilmoqda. Bu prezident saylovining vaqti va prezidentlikka nomzod ko’rsatish haqida. Lekin hali prezident saylovi haqidagi qonun qabul qilinmasdan qanday qilib bu masalalar kun tartibiga kiritilishi mumkin. Bugun qo’limizga berilgan qonun loyihasining 25-moddasida prezidentlika nomzod Oliy kengash tomonidan va siyosiy partiyalar tomonidan ko’rsatilishi aytilgan. Balki biz mana shu joyni qabul qilmasak, u holda nima bo’ladi? Shunday ekan, qanday qilib yo’q narsadan keyingi masalani kun tartibiga kiritish mumkin. Balki umuman bu qonunni qabul qilmasak-chi?

YO’LDOSHEV: Agar qonunni qabul qilmasak, avtomatik ravishda u ikkita masala ko’rilmaydi.

UMAROVA: Mazkur qonun loyihasida prezident saylovi Oliy kengash va yoki prezidium tomonidan belgilanishi aytilgan. Balki bu ham muhokama jarayonida o’zgarar. Lekin biz qonun qabul qilingani kabi undan kelib chiqadigan masalalarni kun tartibiga kiritmoqdamiz. Ikkinchidan, Islom Abdug’aniyevich, vitse-prezident vazifasini yo’qotib Bosh vazirni tayinlash masalasini kun tartibiga kiritdilar. Bu masala hali Konstitutsiyaga kiritilmagan va biz buni kun tartibiga qo’shmoqdamiz, demak, avval Konstitutsiyaga o’zgartirish kiritish va undan keyin bu masalani ko’rishimiz kerak. Kun tartibida Konstitutsiyaga o’zgartirish kiritish joyi ham bor. Lekin u boshqa o’zgartirishlar haqida, bu masala haqida esa gap yo’q. Men bugun bu masalni ko’tarishga qarshi emasman. Ammo qonun qoida bo’yicha qilaylik demoqchiman. Man ko’targan masalani ovozga qo’yishingizni iltimos qilaman.

YO’LDOSHEV: Bo’ldi, man mikrofonni o’chirdim.

IZOH: Surxondaryolik dehqon Amirqulov minbarga chiqib oladi va Marat Zohidovning iddaosiga qarshi gapiradi.

AMIRQULOV: Surxondaryo 338-Yangiobod saylov okrugi. Mana bugun eshittik. Kasalni yashirsang, isitmasi oshkora qiladi, deydilar. Sekin-sekin yuzaga chiqayati. Men so’zga chiqish uchun hech qanday ko’nglim yo’q edi. Men shu Shukrullo Mirsaidovni juda yaxshi bilaman. Men deputat sifatida 200 vagon quvur olib kelganman. Moskvada men bilan Rossiya tashkilot rahbarlarini uchrashtirib qo’ygan shu odam. Qachongacha mansab talash bo’ladi. O’rtoq Efimov, Mirsaidov mansabga talashayapti, deb boyagi gapni aytgan ekan, u odamda mansabparastlik yo’q, shuning uchun Efimov shu yerga chiqib, shu so’ziga javob bersin, Boshqa gapim yo’q.

IZOH׃ Zalda sesiya olib borilishiga qarshi norozilik. Yo’ldoshev yana bir deputatga so’z berishga majbur bo’ladi. Samarqandlik deputat Mahmudov minbarga chiqib, gapira boshlaydi.

MAHMUDOV:- 6-sessiyada men bir savollarni yozib rahbarlarga bergan edim. Bu shunday savollar ediki, 15-20 daqiqada javob tayyorlab aytish mumkin edi. O’rtoq Yo’ldoshevga yozdim, javobi yo’q. Prezidentga yozdim, javobi yo’q. Jo’rabekovga yozdim, javobi yo’q, davlat Radio televidenie raisi Ganja Yoqubovga yozdim, javobi yo’q. Men iltimos qilaman, har bir sessiyaning oxirida mana shu yerga chiqib savollarga javob berishsin. Shu kun tartibga kiritilsin.

IZOH: Samarqand viloyatining Kattaqo’rg’on saylov okrugidan saylangan deputat, ayni paytda vitse-prezident Shukrillo Mirsaidov minbarga chiqadi.

YO’LDOSHEV: Shukrullo Rahmatovich, kun tartibi bo’yichami yoki javob berasizmi?

MIRSAIDOV: Javob… O’rtoqlar, eng avval ham bor men sizlarni hamjihatlik, birlikka chaqirmoqchiman.Chunki hammamizning orqamizda xalq turibdi. Biz hamjihat bo’lmasak, bir-birimizni qo’llab quvvatlmasak xalq bizni kechirmaydi. Endi haligi ko’tarilgan masalalar bo’yicha. Bu ham xalq dushmanlarining ishi. Qachongacha Moskvadan kelib bizlarga aql o’rgatadi? Bunaqa malomat toshlari meni boshimga juda ko’p tushgan. Men bilan birga ishlaydigan odamlarning hammasi biladi.

Meni o’rtoq Anishechev (1984 yilda “tartib” o’rnatish uchun O’zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining ikkinchi kotibi sifatida Moskvadan yuborilgan shaxs-JM) ta’qibga olgan, bir paytlar 11 yasharligida otasi qamalgan deb, lekin arxivdagi oqlangan materialni yo’q qilib yuborgan. Ana o’shanda ham aytganman, o’rtoqlar mani shahar sessiyasiga olib chiqinglarda, men ketay, deb. Meni Satin (“Tartib” o’rnatish uchun Toshkent shahar partiya komitetiga rahbar qilib yuborilgan shaxs-JM) ham ta’qibga olgan, shahardagi bo’layotgan hamma ishlarni menga taqab. Bir ikkita korxonalarining, shu og’alarimizdan bo’lgan rahbarlari Toshkent shahriga chetdan ishchi olib kelganda bu ishchi kuchi kelishiga qarshi chiqib, buni yo’q qilish maqsadida 16.800 so’mdan nalog chiqarganimizda ular bizning huquqimizga qarshi chiqayapti, degan. Chunki Toshkent shahrida o’zbeklar kamayib ketgan vaqt edi. Ana shunda Bosh prokurorgacha yozib, jinoiy ishlar ham qo’zg’atmoqchi bo’lishgan.

Bugun sizlar muhokama qilayotgan gaplarni men bir yil oldin aytganman. Orqavarotdan emas. Prezident kengashida aytganman. Prezident kengashida man taklif kiritganmanki, o’rtoqlar prezidentimizni xalq saylashi kerak. Xalq saylovidan o’tishimiz kerak, deb. Ana o’shanda hurmatli Islom Abdug’aniyevichga ham aytganmanki, “Islom aka, hozir xalqning hammasi bizlarni qo’llab-quvvatlab turgan paytda prezident saylovini o’tkazib olsak yaxshi bo’lardi. Keyin qiyin bo’ladi, deganman. Prezident kengashi a’zolari bu taklifni mana Mirsaidov taklif qilayapti, deb kengashga olib chiqqan. Buni ham bo’yinga olish kerak. Kengashda bir-ikkita xushomadgo’ylar, kelgusini bilmaydiganlar aytishdi-ki, hozir olib chiqsak, xalq ikkiga bo’linib ketadi, deb. Endi olib chiqsak, to’rtga bo’linib ketayapti-ku? Shu bilan to’xtatishdi.

Lekin ana o’sha Efimov, undan keyin Berkov degani, Sovminning birinchi muovini edi, hozir ketdi, men u bilan ishlamaymiz, deganimdan keyin uni prezident kengashiga olib, keyin Moskvaga yaxshilab ko’tarib, jo’natib yubordik. Efimovlar gap tarqatdi o’shanda ham Mirsaidov amal talashayapti, deb. Ana o’shanda Bosh vazirlik tugatilib Prezident huzurida Vazirlar mahkamasi tuzildi va vitse-prezident vazifasi joriy etildi.

Mana shunda ham gap chiqmasin, qachongacha o’zbek xalqiga tavqi la’anat keladiki, bular amal talashadigan ekan, qachongacha bular bir-birining ustidan, orqasidan gap qilib yurar ekan deb, tishni tishga qo’yib, nima deyilsa o’sha deb keldim. Lekin o’z vazifamni xalqimni oldida vijdonan halol, ro’yrostlik bilan aytib o’tamanki, bajarib keldim. Keyingi paytda bir xil gap so’zlarga kirishib mani praktik ishlardan uzoqlashtirishlar ham bo’ldi. Bu menga zarar bo’lgani yo’q. Bu iqtisodga zarar keltirishini man prezidentga ham aytdim. Bundan 15 kun oldin, agar man amal talashadigan bo’lsam, mana Islom akam, o’zlari tasdiqlashlari mumkin, ya’ni Moskvaga Rossiya bilan shartnoma tuzishga ketishdan oldin kirib aytdim, kelinglar mani tinch qo’yinglar, man shu chiqib ketay, man ishlamayman, manga ruxsat bering, kelganda ham aytdim, kecha ham aytganman, bundan besh kun oldin ham aytganman.

Sizlar meni Sovmin raisi qilib saylayotganlaringizda ham aytganman. Saylasalaring ham shu ishni qilaman, saylamasalaring ham deb.

IZOH: Shu o’rinda izoh berish kerakki, Ministrlar kengashining oldingi raisi Mirqosimov Parkentda qon to’kilishiga aralashgani sessiyada ko’tarilib, uning saylanmay qolishi aniq bo’lganda Islom Karimov unga alternativ o’laroq Mirsaidov nomzodini ko’rsatgan, unga ham e’tirozlar bo’lgan va Karimov uni mard, jasoratli, fidoyi rahbar deya maqtagan edi. O’shanda Mirsaidov e’tirozlarga javoban istasanglar saylanglar, istamasanglar yo’q, degan edi. Endi o’sha sessiyaga ishora qilmoqda.

MIRSAIDOV: Shuning uchun men qayerda ishlar ekanman, o’zimning xalqimga, o’zimning yurtimga xizmat qilaman. Shuning uchun manga amalinglar kerak emas. Shunga qarab xulosa qilinglar. Mana vitse-prezident deydimi, balo deydimi, battar deydimi, amal degan narsa kerak emas.Shuning uchun man hozir sizlarga aytishim mimkin, manga amalning keragi yo’q. Men hech qachon, hech kimga bo’ysunib ishlamaganman, ishlamayman ham. Men haligi, tiz cho’kib yashagandan ko’ra, tik turib o’lishni xoxlayman. Shuning uchun e’tiborlaringa rahmat, mani tinch qo’yinglar.

IZOH: Mirsaidov minbardan tushib zalni tashlab chiqib ketdi. Bu esa uning ham siyosiy va ham shaxsiy hayotiga zulmning zarbasi tushishi uchun yo’l ochdi.

YO’LDOSHEV: E’tibor uchun qabul qilamiz bu axborotni, demak o’rtoqlar kun tartibini aytilgan masalalar bo’yicha tasdiqlashni taklif qilaman…

Video tasma mana shu erda uzilgan… davomi yuqorida so’zga chiqqanlarni qoralashga aylanib ketgan bu sessiyaga bugunga qadar berilgan uch bahoga qaytamiz.

Karimov guruhi bu sessiyani toshkentliklar uyushtirdi va ularning menga qarshi fitnalari edi, boshida Mirsaidov turgandi, degan fikrni sesiyadan keyin ham ko’p takrorladi. Bu fikrni muxolifatdan ham ba’zilar bir muddat qo’llab keldilar, so’zga chiqqanlar orasida Mirsaidovning o’zi bilan birga 4 kishi toshkentlik edi, xolos. Ulardan biri Marat Zohidov esa unga qarshi gapirdi. So’zga chiqqanlarning aksariyati samarqanliklar edi va Surxondaryo, Sirdaryo, Buxorodan chiqqan deputatlar ham Karimovni himoya qilganlari yo’q. Aksincha uning siyosatiga qarshi edilar. Bu esa 7- sessiya toshkentliklarning fitnasi edi, degan gap uydirma ekanligini isbotlab turibdi.

Rus inqilobidan oldingi Buxoro amirligi, Xiva va Qo’qon xonliklari o’rtasidagi nizolarni Sovet davrida sho’rolar ustalik bilan qo’llanib kelishdi. Mansablarni taqsimlashdan hatto oliy o’quv yurtlariga talabalar qabuliga qadar ana shu mezondan kelib chiqib ish tutdilar. Bu esa aslida bir xalq bo’lgan millatni uch-to’rtga bo’lib, bu bo’linishni odamlarning ongiga singdirib yuborish edi.Hatto bugun ham kimlarnidir ayblash uchun “samarqandliklar”, “toshkentliklar” yoki “farg’onaliklar” kalimalarini qo’llanish odat tusiga kirgan. O’zini ziyoli, demokrat deb hisoblaganlar ham bu zehniyatning quliga aylanganlar.

Karimovchilar “toshkentliklar fitna uyushtirdi”, degan gapni tarqatish bilan qolgan sodda avomni o’zi tomonga jipslashtirishning yo’lini topdi va hokimiyatini mustahkamladi.

Hokimiyatni qo’lda saqlash uchun hamma jirkanchliklarga boriladi, degan gap bor. Ammo qo’lida hokimiyat bo’lmagan ba’zi birovlar ham shu gapni bir muddat aytib yurganlari zehniyatning zangi osonlikcha ketmasligini ko’rsatadi.

Ikkinchi iddao esa, bu ishning ortida Moskva turibdi, deyilgan gap va bu da’voning muallifi Marat Zohidov edi. Ammo uning talabi bilan bu masalani o’rganish uchun Oliy kengash, Islom Karimovning maddohlaridan iborat komissiya ham bu sessiyani Moskvaga bog’lay olamadi.

Gap shundaki sessiya borayotgan paytda Moskva televideniesi Toshkentda deputatlar Karimovni ag’darmoqdalar, deya xabar tarqatdi. Xabar manbai esa “Izvestiya”ning O’zbekistondagi muxbiri Shaxobiddinov. O’sha kezda deputatlar orasida Moskvadan uzoqlashish ruhi bor edi. Bu ayniqsa, demokrat deputatlar orasida kuchli edi. Karimov siyosatiga qarshi chiqqan deputatlarning aksariyati mustaqillik kurashchilari bo’lib, Karimovni Moskvaning odami, deb hisoblardilar. Shu bois ham isyonda Moskvaning qo’li bor, degan gap ko’p yashamadi.

Nihoyat uchinchi bahoni mazkur sessiyada “bu kommunistlarning fitnasi”, deya Karimovni himoya qilib so’zga chiqqan deputat Salay Madaminov, ya’ni Muhammad Solih yaqinda o’rtaga qo’ydi.

“Muhammad Solihning “Ozod ovoz”tashkiloti direktori Bobomurod Abdullaev bilan suhbati, 2002 yil, 7 Noyabr, Norvegiya, Oslo shahri.” (Eslatma:Mazkur suhbat http://www.ozodovoz.org va http://www.uzbekistanerk.org  veb sahifalarida chiqdi):

“Ozod Ovoz”: Siz O’zbekistonning o’n yillik mustaqillik davrida Karimov rejimi Sizni, qarindoshlaringiz, yaqinlaringiz va do’stlaringizni qamoqqa tashlaganini aytdingiz. Bugun shularning hammasini ko’rgach, 90-yillarning boshida parlament sessiyalarining birida Islom Karimovni o’sha paytdagi Bosh vazir Shukrulla Mirsaidovdan himoya qilganingizga pushaymon qilmaysizmi?

Muhammad Solih: Yo’q. Bu haqda pushaymon qilmayman. Chunki Mirsaidovning taklifiga qarshi chiqib, men siyosatdagi urug’-aymoqchilikka qarshi chiqqandim. O’shanda Mirsaidovning shu taklifi ortida mamlakatdagi siyosiy hokimiyatni o’z qo’liga olishga shay turgan ba’zi urug’ aymoqlar bor edi. Men hamma vaqt siyosatda urug’-aymoqchilikni yoqtirmaganman. Chunki urug’-aymoqchilik millatimizni fojeaga yetaklovchi, uning shakllanishini to’xtatib qo’yuvchi kasallikdir. O’shanda men Karimovni himoya qilish uchun emas, janob Mirsaidovning ikkiyuzlamachiligi va yolg’oniga qarshi chiqqandim. Bu narsa o’z-o’zidan ro’y bergandi. Men Karimovga qarshi fitna tayyorlanayotganidan bexabar edim. Har galgidek men Karimovni tanqid qilishga tayyorlanayotgandim. Birdan har sessiyada Karimovning yonini olib unga qarshi aytilgan tanqidlarga norozilik sifatida oyog’i bilan polni urib o’tiradigan Mirsaidov chiqib, prezidentni tanqid qila boshladi. Men hayratda qoldim. Men bu o’zgarish, ikkiyuzlamachilkka qarshi chiqdim. Natijada mening chiqishim Karimovga qarshi tuzilgan koalitsiyaga katta zarba bo’ldi va Karimovga taxtda qolishga yordam berdi…”

Yuqorida Mirsaidovning so’zlari… U Karimovni tanqid qilgan emas, aksincha o’z sha’niga aytilgan gaplarga javob berib, amal istamasligini ta’kidlab, hatto sessiyani tashlab chiqib ketdi. Qolaversa, bu sessiyada so’zga chiqqanlar kimga urug’u kimga aymoqligini ham ko’rdingiz. Bahoni o’zingiz bering.

Xullas, nima bo’lganda ham 7-sessiyaning qo’limizga etgan videotasmasi bugunga qadar siyosatda qo’llanib kelingan uydirmalarga chek qo’ydi va kimning kim ekanligini ko’rsatish uchun, tarixni uydirmalar emas, haqiqat to’ldirajagini isbotladi.

7-sessiya O’zbekistonda qayta qurish va Oshkoralik tufayli kurtak otgan demokratiyaning so’nggi kuni edi. Mustaqillikning dushmanlari bugun mustaqillik qahramoni bo’lib yurgan bir paytda demokratiyaning qotillari demokratiya kurashchisiman, deb yurganiga esa aslo ajablanmasa ham bo’ladi.

16. DEVONDAGI DEVONALIKLAR

Yyyettinchi sessiyada Karimov haqiqatdan ham ko’p xato qilgani, muhokama unga dars bo’lganini o’zi ham aytganiga qaramay demokrat deputatlarga hujum birdan kuchlanib ketdi. Bundan ruhlangan Karimov ham hujumga o’tdi va bizni “bir hovuch qora kuchlar” deya ayblay boshladi.

Men  o’rnimdan turdimda:

-Islom aka, bundan bir necha daqiqa oldin xatolaringizni tan olib turgandingiz, endi esa to’nni teskari kiyib oldingiz,-dedim.

Shundan keyin yana zalda ruhlanish boshlandi va so’zga chiqishni istaganlar minbarga qarab yura boshladilar. Karimovning ishorasi bilan YO’LDOSHEV tanaffus e’lon qildi.

Bir guruh deputatlar Karimovni o’rab oldilar. Hamma har narsa der edi. Karimov bizga yuzlanib׃

-Bu yerda har xil odamlar va har xil masalalar aytilmoqda. Majlisdan keyin men ham qolayin, sizlar ham qolinglar, butun muammolarni kelishib olaylik,-dedi.

“Kelishib olgan bilan nima hal bo’ladi?” dedik biz.

-Agar men aytgan gapga ishonmasangizlar, mayli o’rtada protokol tuzamiz,-dedi u.

Bu gapni eshitgan “isyonchi” deputatlar jim bo’ldilar.  Darhaqiqat, tanaffusdan keyin Karimov saylov haqidagi loyiha va boshqa muhokamalarni kun tartibidan chiqarib oldi. Biz buni g’alaba, deb o’yladik. Aslida esa bu Karimovning ustaligi ekan. Chunki u endgina so’ngan alanga yana qaytadan olov olib ketmasligi, so’nggi cho’g’iga qadar o’chirilgandan keyin masalaga qaytishni rejalagan ekan. Biz partiya idoralarida ishlamagan, KGB sabog’ini olmagan va yuqoridagi o’yinlarni bilmagan sodda deputatlar “Karimovni sindirdik” deya gerdayib o’tirardik.

Karimov “Kimning menda gapi bo’lsa qolsin, qolganlarga javob” dedi va yuzga yaqin deputat qoldik.

U Ravil Abduqodirovga protokol yuritishni topshirdi.

Biz siyosiy masalalarni aytar ekanmiz, bir ikki kishi doim gapni boshqa tomonga burishga intilar edi. Masalan, Nomoz Sa’dullaev qayta-qayta o’rnidan turib, u saylangan Qo’shrabot tumanidagi qaysi bir xo’jalikka yangi traktor yoki shunga o’xshagan bir narsa lozimligini aytardi. Bu esa boshqalarga ham ta’sir qilib, ular siyosiy masalalar chetda qolib, o’zlarining tumanlariga nimadir so’rash va buni protokolga yozdirish bo’yicha musobaqalashib ketdilar.

Shunga qaramay, biz Oshkoralik qo’mitasi yopilishi xato bo’lgani, “Xalq so’zi” gazetasining Bosh muharriri ishiga darhol tiklanishi, matbuotga erkinlik berish, muxolifat guruhlariga bosqi o’tkazmaslik kabi bir qancha siyosiy talablarni ham yozdirdik. Hatto, Ahmadjon Muxtorov o’sha kiniyoq ishga tiklandi. Ammo bular vaqtincha tadbirlar ekanligi va Karimovning kallasida saylovga qadar o’yin o’ynash rejasi borligini bilmagan bizlarga bu qadamba qadam g’alaba bo’lib ko’rinar edi. Demokratiya g’alaba qilmoqda, deb o’ylardik. Aslida esa, demokratiyaning so’ngi uchqunlari ham so’ndirilayotgan ekan.

Ikki soatlik muhokamadan keyin kimdir:

-Bu talablar qachon bajariladi va kim nazorat qilib, kim hisob beradi?-dedi.

Shunda Karimov:

-Bo’pti, oralaringdan bir kishini tanlanglar, bu ishning nazoratini unga topshiramiz,-dedi.

Keyin bir zum nimanidir o’yladi-da:

-Men prezident devonida yangi bir lavozim tashkil qilaman va shu odam faqat ana shu protokolda yozilganlarni nazorat etish hamda mening sizlar bilan uchrashib turishimni amalga oshirish bilan shug’ullandi. Mana majlisda ko’rdinglar. Men ishonib yurgan odamlarning hammasi pisib o’tirdi, ablahlar. Birortasi chiqib ko’ksini qalqon qilgan emas. Men kimga ishonishim kerak? Atrofimda hammasi eski kommunistlar, fikri, kallasi qotib qolgan odamlar. Men ham demokratiya qilishni, shu mamlakatni oyoqqa qo’yishni istayman. Bugun sizlar mening ko’zimni ochdinglar. Aslida mening haqiqiy do’stlarim sizlar ekan. Men sizlarga suyanishim kerak ekan. Sizlar bilan bir bo’lishim kerak ekan,-dedi.

Uning ko’zlarida yosh halqalanganidan bu gaplar yuragidan otilib chiqayotganiga hech kimda shubha yo’q edi. Uning rolni mahorat bilan o’ynashi zalda o’tirganlarning tushiga ham kirmagandi.

-Xo’p,-dedi Karimov qani kimni ko’rsatasizlar?

Deputat Oygul Mamatova:

-Buni Jahongir uddalashi mumkin,-dedi.

Karimov bir zum o’ylanib, keyin menga qarab, termulib qoldi. Shoshib qoldim. Chunki bir necha daqiqa oldin, Oshkoralik qo’mitasiga tazyiq to’xtatilishi haqidagi gapni ham protokolga kiritgan edik. Qo’mita raisining o’rinbosari lavozimida faoliyatimni davom yettirishni istardim. Prezident aytayotgan ish, hukumatda bo’lib qo’limni bog’lashi va qo’mitadan ajratishi aniq edi. Chunki ham qo’mitada ishlab, ham televidenieda sharhlovchilik qilganimda Islom Karimov rayosat majlisida:

-Mana mening qo’limda bir taklif bor. Bu taklifni bir deputat kiritgan. U xalq vakillari hukumat ishida ishlasalar deputatlikni topshirishlari lozim, degan haqli talabni qo’ygan.  Menimcha bu ishni Oliy majlis qo’mitalaridan boshlash kerak. Bu yerda ishlab televideniedan ham maosh olish mumkin emas…,-degandi.

Hali televideniedan maosh olib ulgurmagan ham edim. Ammo “Deputat minbari” degan ko’rsatuv tezda shov-shuvlarga sabab bo’lgandi. Karimovning qarindoshi bo’lgan Jomboy tumanining birinchi kotibi muxbirning telekamerasini sindirgani va menga suiqasd uyushtirish uchun Toshkentga odam yuborgani fosh qilingan dastur ham katta voqeaga aylangandi. Shu bois Karimov kaminani televideniedan uzoqlashtirish maqsadida yuqoridagi gapni aytgandi. Keyin rayosatda aytilgan bu gapni bahona qilib, Ganja Yoqubovga tazyiq o’tkaza boshlashdi.  Xullas, Karimovga berilgan o’sha taklifni qo’llashimni va demokratik jamiyatda shunday bo’lishi kerak, deya o’zim ariza yozib televideniedagi yarim shtatlik ishimni to’xtatdim.

Keyin bilsam, Karimovning o’zi deputatlarning hukumatda ham ishlashini man etadigan Rayosat qarori loyihasini kun tartibidan chiqarib olgan ekan.

Biror taklif har qanday yomon bo’lsa ham kerak bo’lganda uni maqtaydigan, biror taklif har qancha yaxshi bo’lsa ham kerak bo’lmaganda uni toptaydigan Karimov endi kaminani Devonga ishga olish bilan deputatligimga nuqta qo’ymoqchimi, deb o’ylab qoldim. Ammo bu paytda jurnalist Dadaxon Yoqubov  deputat bo’lgani holda unga yordamchi bo’lib ishlayotgan edi. O’ylab qolganimni va javob bermaganimni ko’rgan Karimov suv keladigan ariqning oldini to’sgan kabi:

-Nima, qo’rqib qoldingiz-mi? Bir ish taklif qilinganda odam mardlik ko’rsatishi kerak. Gapirish oson, tanqid qilish oson, ammo ishlash qiyin,-dedi.

Bu mening hamiyatimga tegdi va “Bo’pti” dedim. Ba’zi deputatlar qarsak chalishdi. Ba’zilari  yonimga kelib, tabriklay boshlashdi. Hamma menga havas bilan tikilardi. Hayron edim. Demak, ko’pchilik Devonga ishga o’tishni juda katta voqea, deb bilar ekan.

Shu kuni Oygul bilan biroz tortishib qoldik.

-Karimov shu yo’l bilan bizni tinchitmqochi bo’lasa-chi? Unga yo’l ochib bermadingizmi?-dedim.

-Karimov har gapdan ta’sirlanadigan odam. Agar siz uning yonida bo’lsangiz mana biz sizga quvvat bo’lamiz, uni mamlakat uchun ishlashga majbur qilamiz,-dedi Oygul.

Uyga kelib bekinib oldim va uch-to’rt kun tashqariga chiqmadim. Qaror berolmayotgan edim. Deputatlardan ba’zilari telefon qilishsa, ba’zilari uyga kelib, men bilan tortishar va bu ishni qabul qilishni so’rashardi.

Buning ustiga Shukrullo Mirsaidovdan xafa edim. Uning 7-sessiyada menga mansab kerak emas, deb chiqib ketishini, faqat o’zini o’ylashi, xalqni, unga ishonganlarni olovga otishi, deb o’ylardim.

Aslida biz demokrat deputatlar Karimovning kamchiliklari haqida o’zimiz hamma narsani ochib tashlashni rejalashtirgan edik. 7-sessiya oldidan 12 sahifali material tayyorlagan ham o’zimiz edik. Buni Oygul Mamatovaning uyida to’planib, rejalaganmiz va keyin men xatga tushirgandim. Biz bu ishimizni yashirmagan edik.

Shu bois ham bir kuni Erkin Vohidov faoliayatni birlashtirish haqida gapirib qoldi. U kishi Ahmadali Asqarov va boshqa qo’mitalarning rahbarlari bilan birga Mirsaidovni ko’tarmoqchi ekanlar. Shu bois meni Shukur Rahmatovich ko’rmoqchi ekanligini aytdi.

Mirsaidovning yoniga bordim. U Karimov ketmasa, hech narsa o’zgarmasligini, Karimov ketgan taqdirda, u vaqtinchalik rahbar bo’lishi va  qisqa vaqtda demokratik saylov o’tkazish masalasida rozi ekanligini aytdi.

-Boshqalar ham nomzodini qo’ysin. Agar xalq meni saylamasa, xafa bo’lmayman, qayerda bo’lsa ham ishlayman,-dedi u.

Shuni aytish kerak-ki bunga qadar Mirsaidov ziyolilar bilan til topishda usta, adabiyot va madaniyatni qadrlaydigan odam, degan gap tarqalgandi. O’zim ham uning ishchanligi, qaror olishda qo’rqmasligi, tunu kun demay ishning orqasidan yugurishini bilar edim. Unga ishondim.

Bir kuni Shuhrat Nusratov tayyorgarlik markazini u rahbar bo’lgan Kuybishev tumaniga ko’chirishni taklif qilayotganini aytishdi. Ammo rozi bo’lmadik. Ular o’zlari ishlashsin, biz o’zimiz, dedik.

Agar 7-sessiyada Mirsaidov Karimovning qiliqlarini ochib tashlab, “Bu odam tentak, ketishi kerak”, deganda Karimovning ishi bitgan edi.

Keyinchalik Shukrulla akaning o’zi e’tirof etishicha, sessiyadan bir kun oldin chet eldan kelgan o’zbeklarga ziyofat bergan Karimov kechaning oxirida Erkin Vohidov, Ahmadali Asqarov va Muhammad Solihni olib qolib, ular bilan qadah ko’tarib, ulardan yordam so’ragan, Mirsaidovga ham Bosh vazirlikni va’da qilgan ekan.

Xullas, uyda ekanman, 4 oktyabar kuni Kraynov telefon qildi va Karimov gaplashmoqchi ekanligini aytdi. Unga yangi ishni qabul qila olmasligimni aytdim. Karimovning jahli chiqib ketdi, ammo o’zini ushlab:

-Iltimos, men bilan o’yin qilmang. Qo’rqqan bo’lsangiz o’sha kun aytishingiz kerak edi,-dedi.

-Qo’rqqanim yo’q, lekin yordamchi bo’lib, u yoqdan bu yoqqa qog’oz tashib yurishni istamayman,-dedim.

-Men ham sizni Vitse-prezidentlikka ololmayman,-dedi Karimov. Shunday ham meni yer bilan yakson qilib so’kkan odamni ishga olishimga hali ko’pchilik qarshi chiqadi. Hozirning o’zida qancha odam norozilik bildirmoqda.

Men unga noto’g’ri gapirib qo’yganimni sezdim va gapimni tuzatmoqchi bo’ldim.

Karimov gapi kesdi-da telefonda emas, yuzma-yuz gaplashishni istadi. Bordim. Choy ichib, ancha gaplashdik. Bolaligi va talabalik yillaridagi voqealardan gapirdi. Odamlarga o’xshab yashagisi kelishini, Anhor bo’yiga chiqib osh damlashni istashini  aytdi. Ayniqsa, Mirsaidov haqida kuyinib gapirdi. Bir oilada aka-ukadek edik, menga ota-onalik qilishgan ular. Lekin u ham meni tashlab ketdi, mana ishga chiqmayapti, dedi.

Hali kechagina po’pisa qilib yurgan Karimov juda yumshoq bo’lib qolgandi. 7-sessiya uni tubdan o’zgartirdi, degan sarob kabi bir xulosaga borgandim.

Xullas, o’shanda boshqa yo’lim qolmagandi. Keyinchalik o’ylasam,  rozi bo’lganim yaxshi bo’lgan ekan. Devonda 100 kun ishladim. Ana shu qisqa vaqtda juda ko’p narsani o’rgandim. Karimovni yanada yaqindan tanidim, uning mamlakatni emas, xalqni emas, faqat o’zinigina o’ylashini, hamma odamni ana shunga xizmat qildirishga urinishini angladim.

Karimov Devonda maxsus  sektor ochadigan  bo’ldi. Unga “O’zbekiston Xalq deputatlari bilan hamkorlik qilish faoliyatlarini muvofiqlashtiruvchi bo’lim” deb nom berildi. Bu bo’limga bir xodim va bir kotiba olishim mumkinligini aytishdi. Shuni qayd etish kerakki, Devondan televideniega ketishim bilanoq bu bo’lim bekitildi. Mustaqil O’zbekiston tarixida Devonda ana shunday bir bo’lim 100 kunga mavjud bo’lgani va keyin yo’qotilgani ham o’shanda Karimovning dilida qanday rejalari bo’lganiga ishora.

Karimov bu masalaga bu qadar jiddiy ahamiyat berganini uning deputatlar qudrati oldida bo’yin egishi, deb tushunib, katta xato qilganman.  Bunis ham qiziq. Devondan ketganimda ham O’zbekiston teleradiokompaniyasida kamina uchun “Raisning o’rinbosari” degan qo’shimcha bir lavozim ochish haqida qaror chiqargan va ikki oydan keyin  iste’fo berishim bilan bu lavozimni ham qisqartirish haqida qoror imzolagandi. Ya’ni har ikki ishda ham egallagan vazifalarim ketganimdan keyin qisqartirishga tushgan.

O’shanda Devonga o’tishim bilanoq voqealarning ortidagi fikrlarni qidirmasdan ishga kirishib ketganman. Aslida bu xarakterimda bor narsa. Shu bois ham ba’zilar ana shu fe’limdan foydalanib qolishadi. Xalq va Vatan masalasi oldinga chiqqanda o’zimni o’ylamaslik odatimni nafaqat Karimov, balki boshqalar ham juda ko’p suiistemol qilishganini keyinchlik tushundim. Baribir vaqtim bekorga ketmagani, qo’limdan kelgani qadar odamlarga yordam berishga intilganim qalbimga taskin beradi.

Devonda juda qisqa vaqtda ishni qo’lga oldim, hatto mashhur maslahatchilar ham chetga chiqa boshladilar deb o’ylardim. Chunki Mavlon Umurzoqov, Temir Alimov kabi maslahatchilar tayyorlagan farmon loyihalarini ham Karimov ko’rib chiqish yoki qayta tayyorlash uchun menga berardi. Katta-katta xatolarni tuzatayapman, deb o’ylardim. Karimov esa maslahatchilarga “Bu bola masalani deputatlarga olib chiqaman, degandan keyin uning o’zgartirishlarini qabul qildim, mana sizlar tayyorlagan hujjatlarni bir tiyinga chiqarmoqda” deb meni ularga yomonlar ekan.

Lekin baribir O’zbekiston teleradikompaniyasini, O’zbekiston Axborot agentligini hukumatdan ajratish haqidagi farmon loyihalarini tayyorlaganimda Karimov ko’p qarshilik qilgan va Teleradiokompaniyaning yarminigina mustaqil qilishga rozi bo’lib hujjatga imzo chekkandi. U kamina yozib bergan nutqlarni o’zgartirmasdan o’qib berardi. O’sha kunlardagi nutqlarni olib qarasangiz, Karimovni katta demokrat, deb o’ylashingiz mumkin. Ammo u saylovga qadar chekinish qilayotgani, Leninning bir qadam orqaga, ikki qadam oldinga shiorini amalga oshirayotganini tasavvur ham qilmagan ekanman.

Karimov yutdi. Biz yutqazdik.

.

Endi devondagi devonaliklardan besh shingil.

YO’LDOSHEV VOQEASI

Toshkentda gap tarqaldi: “Karimov Oliy kengash raisini tepa-tepa xonasidan quvibdi. Uning baqirib qochganini atrofdagilar tomosha qilishibdi”.

Bo’lmagan gap deb o’yladim. Og’izga kelganini gapiraverisharkan-da! Lekin ishonmaganni ishontirish uchun-mi voqealar takror bo’lar ekan.

Devondagi ishimning birinchi kuni Karimov bilan gaplashib bo’lganimizdan keyin, Zelemxon Haydarov beshinchi qavatga olib tushib, ishlaydigan xonani ko’rsatdi. Allaqachon xonani tayyorlab, eshigiga ismimni ham yozib qo’yishgan ekan.

-Bu qavatda faqat maslahatchilar va yordamchilar joylashgan,-dedi Zelemxon aka va ish boshlashim mumkin ekanligini aytib, chiqib ketdi.

Oliy majlis binosiga ketdim. Ko’p o’tmay Kraynov qidirayotganini aytishdi. “Katta so’rayaptilar”,  dedi u.

Prezident devoniga kelsam, qabulxonada Bosh vazir o’rinbosari Ismoil Jo’rabekov, Surxondaryoning rahbari  Hakim Berdiev  va yana bir ikki-kishi kutib turishgan ekan. Mavlon Umrzoqov esa, tez-tez pastga, beshinchi qavatga borib kelayotgan edi.

Shu payt birdan eshik ochilib taqaru-tuqur tovushlar eshitildi. Ichkaridan avval Oliy majlis raisi Shavkat Yo’ldoshev yugurib chiqdi. Orqasidan prezident. Karimov yugurgancha bir sakrab uni tepmoqchi bo’lar va u tezroq qochayotgani uchun Karimovning oyog’i havoda muallaq aylanib qolardi. Koridorning oxiriga yetib borganda  Yo’ldoshevni yaxshilab tepdi, shekilli, u beshinchi qavatga olib tushadigan zinapoyali eshikka urilib ketdi. Shundan keyin  orqaga qaytib, barmog’ini mening qornimga niqtagancha׃

-Ha, geroy!,-dediyu ichkariga kirib ketdi.

Nima bo’layotganini tushuna olmay qoldim. Qarasam, atrofimda hech kim yo’q. Hamma qayoqqadir g’oyib bo’lgan. Keyin Kraynov shkafga o’xshatib qurilgan devorning pastqamgina eshigidan chiqib keldi. Uning xonasi shu erda ekan. Orqasidan qolganlar ham chiqishdi. Bunday paytda Karimovning ko’ziga ko’rinmaslik shart ekan. Men esa bilmay qoidani buzib  qo’yibman. Shu bois ham Karimov “Ha, geroy!” deb o’tgan.

Qaysi bir ma’noda ko’nglim cho’kib ketdi. Lekin Yo’ldoshevning orqasiga tepgani uchun emas. Farg’ona voqealarida qo’li qonga botgan bu odam har daqiqada bir tomonga o’zgaradigan, juda qo’pol, printsipsiz bir kishi edi. U deputatlarga past nazar bilan qarar va ularni kamsitishga urinardi.

Shu bois unga rahmim kelmadi. Ammo unga bo’lgan munosabat boshqalarga ham, jumladan menga ham bo’lsa-chi, degan bir fikr qalbimni tirnadi.

XAT VA TABRIK VOQEASI

Bir kuni ishga kelayotsam gazetalar do’konida narx-navo 30 foyizga oshganini eshitdim. Xonamga kirishim bilan Karimov chaqirayotganini aytishdi. Uning huzuriga kirdim:

-Tuzgan protokolimizda, narx-navo oshadigan bo’lsa oldindan deputatlar bilishi kerak, deb yozgandik. Ertaga deputatlar bilan uchrashadigan kunimiz. Bugun esa soliqlar o’ttiz foizga oshibdi-ku?! – dedim.

-Nima deyapsiz o’zi?, – Karimov birdan jiddiylashdi.

-Mana bugun gazetalarni o’ttiz foiz oshirilgan bahosiga sotib oldik. Sotuvchi faqat gazetalarga emas, umuman hamma narsaga o’ttiz foiz qo’shimcha soliq solinganini aytdi.

-Yolg’on!-dedi Karimov va mendan keyin kirib kelgan matbuot bo’yicha konsultant(keyinchalik kotib) Murod Muhammad Do’stga yuzlandi.

-Sen ham gazeta oldingmi?-dedi unga ruschalab.

-Oldim, kechagidan qimmatroq ekan…

-Men xabardor bo’lmasdan qanday qilib oshadi? Bu o’yin, saylov oldidan meni sharmanda qilishmoqchi. Saylov oldidan bu o’yinni kim o’ylab topdi?

Murod Muhammad Do’st:

-Bu orqadan pichoq urishdir. Maxsus uyushtirilgan ish bu! – dedi.

Karimov menga yuzlandi:

Tekshirish kerakligini aytdim.

-Nafaqat tekshirish, balki bu xoinlarni o’rtaga chiqarib, xalqdan kechirim suratish kerak. O’z xatolarini o’zlari tuzatishsin,-dedi Murod Muhammad Do’st.

Uning bu taklifi Karimovga yoqib ketdi va Kraynovga davlat palanlashtirish qo’mitasi raisini chaqirishni buyurdi.

Karimov xonada u yoqdan bu yoqqa borib kelar ekan, og’zidan bodi kirib, shodi chiqardi.

-Generallardan kelgan xat va tabrik maktubini nima qilamiz? – deya luqma tashladi Murod Muhammad Do’st.

-O’sha generallarning  …ga tiqib qo’yish kerak, – deya baqirdi Karimov.

SOLIQ VOQEASI

Karimov soliqlar oshganidan xunob bo’lib mutasaddilarni chaqirdi. Planlashtirish va narx-navo qo’mitasining raisi Qudrat Axmedov o’rniga o’rinbosari, bir rus ayol kirib keldi.

-Eshshak qani?-dedi Karimov.

-U kishining toblari yo’q edi,-dedi o’rinbosar ayol.

Karimov shiddat bilan qora tugmani bosdi-da:

-Ravil eshshakni top va infarkt qil!-deya baqirdi.

Keyin birin-ketin qolganlar ham kirib kelishdi. Savdo vaziri Mirabror Usmonovning qorniga niqtagan Karimov boshqalarni ham qattiq haqoratladi. Keyin hammasi “Axborot” ko’rsatuviga chiqib, xalqdan kechirim so’rash uchun televideniega yuborildi. Sakkiz vazir va o’rinbosarlar boshlarini eggancha kechirim so’radilar.

Ertasiga Baxtiyor Hamidov xonamga kirib keldi׃

-Oramizda qolsin, kecha sizning oldingizda qattiq tahqirladilar,-deya Karimovning o’zi qo’l qo’ygan hujjatni ko’rsatdi.-Faqat narx-navo sessiyadan keyin oshishi kerak edi. Biz shunday tushuntirish bilan tarqatgandik, bu hujjatani, ammo ba’zi joylarda oldindan boshlanib kyetibdi.

Karimov bir o’q bilan ikki quyonni urgan ekan. Ammo uning vazirlarni ham tahqirlashi, onasini, qizini haqoratlashi, ularning yuziga tarsaki tortib yuborishi… bularga guvoh bo’lish juda og’ir ekanligini his ettdim.

QAYTA QURISH VOQEASI

Kimdir stolimning ustiga bir varaq qog’oz qo’yib kyetibdi. Unda “Mening bundan keyin XDP a’zosi deb hisoblashingizni so’rayman” deb yozilgan  ekan. Tushunmadim. Oradan ko’p o’tmay bizni ikkinchi qavatda bir majlisga taklif qilishayotganini aytishdi. Dadaxon Yoqubov bilan birgalikda bordik. Eshikdan kirishimiz bilan majlisni olib borayotgan maslahatchi Baxtiyor Nazarov:

-Mana prezidentimzining ikki qanotlari kelishdi. Ular ham varaqani to’ldirib bermaganlar ro’yxatida. Balki XDPga mana hozir a’zo bo’lishar,-dedi.

Shundan keyin bildim-ki, haligi qog’ozni to’ldirmaganlarni chaqirishgan ekan.

-Kommunistik partiyani tarqatib yuborib ham undan qutulmabmiz-da,-deb luqma tashladim.

-Qutuldik. Ilgari kommunistik partiya a’zolik masalasida juda qattiq turar edi. Biz esa qayta qurish davrida, Jahongirjon, mana a’zo bo’lishni qulaylashtirib qo’ydik. Prezidentimizning ikki qanoti u kishi raisi bo’lgan partiyada bo’lmasalar, bo’ladimi?-dedi Baxtiyor Nazarov.

-A’zolik majburiymi, ixtiyoriymi?-deb so’radik

-Ixtiyoriy, ammo…

-Ixtiyoriy bo’lsa, bizga uzr,-deya chiqib ketdik.

O’sha kuni Baxtiyor Nazarov xonamning yonidan o’tgan kishi bo’lib, bosh suqdi-da;

-Sizni deb kaltak edik!-dedi.

Boshqa payt bo’lganda bu adabiyotshunos olimning obrazli gapi deb qo’ygan bo’lardim. Ammo o’sha damda u rostdan ham kaltak eganiga shubham yo’q edi.

KRAYNOV VOQEASI

“Kraynov” degan nomni eshitganlarning labiga uchuk chiqar edi yo tizzasi qaltirardi desam lof bo’lmas. Karimovdan boshqa hamma uning yonida qulbachchaga o’xshab, qo’l qovushtiirb turardi. Uning oldi-qochdi gaplarini eshitib o’tirardilar, qarshi gap aytolmasdilar. Vazirlaru hokimlar Kraynovning ko’nglini topishga urinardilar, xursand qilib turishga intilardilar. Har kuni sim qoqib, uning hol-ahvolidan, oilaviy tashvishlaridan so’z ochib, diliga iliqlik kiritib turardilar.

Kraynov ishga hammadan oldin kelardi va hammadan keyin ketardi. Ba’zan mamlakat uxlayotgan yarim tunda ham u ishxonasida o’tirardi. Karimovning yotog’idan “uxladilar”deb xabar kelgach, u uyiga yo’l olardi.

Karimovning huzuriga kim kirishi, kim kirmasligini u hal qilardi. Maxsus kitobi bor. Unda Karimov kimlarni, qaysi lavozimdagi kishilarni qabul qilishi kerakligi asosida ro’yxat tuzgan. Uni Karimovning kayfiyati yaxshi paytlari o’zgartirib, tasdiqlatib turardi. Bu ro’yxatga kirmagan kishi kim bulishidan qat’iy nazar Karimov bilan uchrasha olmasdi.

Kraynovga yoqqan kishi esa kim bo’lishidan qat’iy nazar ro’yxatga kirishi mumkin edi. U Karimovning fe’l-atvorini mukammal o’rganib olgan. Gapini ikki qilib yurganlarni Karimovning jahli chiqib turganda ro’baro’ qilardi. O’sha odamning boshiga qora bulut yog’ilardi.

Karimov ba’zan unga “falonchini so’kib qo’y” deb buyurardi. U xuddi Karimovning o’ziga o’xshatib chunonam baqirardiki, tovushi butun qabulxonada eshitilib turardi. Karimov biror odamga xush boqsa, Kraynov unga shunaqa shirin so’zlar topib muomala qilardiki, haligi odam uchun dunyoda yolg’iz Kraynovgina sodiq do’st bo’lib ko’rinardi.

Odamlarga laqab qo’yishda shu qadar ustaki, qabr ustiga tosh o’rnatgan ustadek nozik harakat qilardi. Ya’ni u otgan o’q nishonga aynan tegardi. Masalan Jo’rabekovga “Botsman”, Alimovga “Beriya”, boshqa maslahatchilarga “Artist”, “Devor”, “Tryapka” deb laqab qo’ygan. Shavkat YO’LDOSHEVni esa “Ho’kiz” der edi.

Bir kuni Karimov men yozgan nutqni ko’rar ekan, uni chaqirdi.

-Qani Johongirga (U Jahongir emas, Johongir der edi-JM) Eltsin va Akaev voqeasini aytib ber,-dedi.

Kraynov prezidentning ichkaridagi xonasiga yugurib kirib temir qoshiq olib keldi-da Karimovga berdi. Keyin egilgancha boshini Karimov tomonga cho’zdi. Karimov qoshiq bilan uning boshiga urub ruschalab ashula aytib turdi.

Keyin Karimov qoshiqni stolning ustiga tashladi-da miriqib kuldi va:

-Eltsin ichib olib Akaevni ana shunday ashula aytishga zo’rlabdi,-dedi.

Kraynov mamnun qiyofada chiqib ketdi.

17. JIZZAX QO’ZG’OLONI

Bir kun Islom Karimovning nomiga yozilgan shikoyatni Kraynov “Siz ko’rib chiqar ekansiz”, deb menga berdi. Keyin Karimovning huzuriga kirganimda u:

-Yaxshilab ko’rib chiqing-chi, orqasida nima gap bor? Bu eshak Tursunov ham jonga tegdi. Ablahning burnini yerga ishqalamoq kerak!- dedi.

Avval jizzaxlik deputat Meli Qobilovga sim qoqdim:

-Yuzdan ziyod oqsoqol imzo chekkan shikoyat bor. Shuni tekshirishda sizdan yordam olmoqchi edim,-dedim.

-Nima haqda yozishgan ekan? -deb so’radi Meli aka.

-Tursunov haqida,- deya javob berar ekanman, ko’nglimdan o’tgan savolni ham so’ray qoldim. -Nega viloyat rahbari haqida nafaqaxo’r oqsoqollar yozib yurishibdi? Yana bir emas, yuzdan ziyod kishi imzolagan. Buning ustiga ular bu xatni olib, prezident devoniga kelishgan ekan.

-Jahongirjon, ovora bo’lmang, kalavaning uchi Karimovning o’ziga borib taqaladi. Mening huzurimga ham o’nlab jabrdiydalar keldilar. Tekshirdim, tekshirtirdim shikoyatlari to’g’ri. Keyin jumhuriyat prokraturasi, Xalq nazorati qo’mitasi, Oliy kengash hay’atiga chiqdim. Oqibat nima bo’ldi, hozir o’zimni kuzatib yurishibdi. Meni sessiyada “sayratgan”, nomimni shikoyatchiga chiqargan ham shu masala. Avvaliga sotib olishga urinishdi, keyin qo’rqitishdi, bu ham ishlariga yaramadi, so’ngra oldingi ish joyimdan “Buning aqli erida emas, shu bois haydalgan” degan hujjat qildirib, gazetaga yozishdi.

-Ha, Oliy kengash sessiyasida gapirganingiz shu masala edimi? U erda sizni viloyat kengashi majlisidan haydab chiqarishganini aytgandingiz, shekilli?

-Bilasiz, men viloyat kengashining ham deputatiman, shu bois masalani oldin shu kengashda ko’tarib chiqdim. Lekin gapirtirishmadi. Agar orqalarida Karimovning o’zi turmaganida arqoni uzilgan ho’kizdek harakat qilmagan bo’lishardi.

-Prezident bilan gaplashdim, bu masalani oxiriga etkazishimni so’rayapti-ku?!

-Unday bo’lsa jumhuriyatdagi barcha huquqni himoya qiluvchi idoralardan mutaxassislar olish kerak. Agar bu ishni bir o’zingiz tekshiradigan bo’lsangiz, sotib olishga harakat qilishadi, sotib ololmasalar “sakkizta mashina” so’raganga chiqib qolasiz.

-Sakkizta mashina deganingiz nima?

-Xabaringiz yo’qmi, viloyat rahbarlari menga pora uchun sakkizta mashina so’radi, deya tuhmat qilishdi. Hozir izimga xavfsizlik xizmatidan poyloqchi qo’yishgan, qarindosh urug’larimni ham bir-bir elakdan o’tkazishmoqda.

-Sizdan yordam olaman desam, o’zingiz yordamga muhtoj ekansiz-ku?-dedim Meli Qobilovga.

Haqiqatdan ham Jizzax masalasi tobora chigallashib borardi. Kimga murojaat qilmayin, yo tekshirishda ishtirok etishdan voz kechardi yoki xastalanib qolardi, yoxud boshqa bir muammo o’rtaga chiqardi. Xullas, Devondan, Oliy kengash rayosatidan va huquq idoralaridan vakillar olib, o’zim Jizzaxga bordim. Viloyat rahbarlarini Oliy kengash majlislarida ko’rganim uchun uzoqdan tanirdim. Jizzaxga kelgandan so’ng ularni darrov “kashf” etib qo’ya qoldim. Viloyatning birinchi rahbari Tursunov:

-Uka, men bu yerga boshqa viloyatdan kelganman, ijroqom raisi Olimov boshchiligida bir guruhning tuhmati ostida qoldim. Ular viloyatni so’mirishmoqda. Men esa yo’llariga to’g’anoqman, mahalliychilik qilishayapti, – dedi.

Ijroqo’m raisi Olimov esa:

-Uka, “birinchi”miz asli  boshqa viloyatdan. Bu yerga ham asosan o’z viloyatidan bo’lganlarni olib kelib, masalani chigallashtirdi. Islom aka bilan bu masalani gaplashdim. Hujjatlarni tayyorla, uni yo’qotamiz, deb aytdilar,- dedi.

Avvaliga bu masala ikki rahbarning o’zaro kurashi manzarasini kasb etdi.

Birinchi kotibning ko’p gaplariga ishonmasam-da mahalliychilik to’g’risidagi so’zlariga ishondim. Bu bizga qo’ndoqda tekkan illat. Bir ariq naryog’dan kelgan rahbarni ham begona hisoblaymiz. U suv keltirsa ham, o’zimizdan chiqqan ko’zani sindirsada o’zimiznikini qo’llaymiz. Buning ustiga o’sha rahbar kelgan joydagilarni ham dushman hisoblay boshlaymiz. Rashidov paytida jizzaxliklar shu kuyga tushgan bo’lsalar, hozir samarqandliklarga dushman ko’zi bilan qaraydigan bo’lib qolishgan. Vaholanki, Rashidov paytida eng  rivojlanmay qolgan joy Jizzax edi. Mana endi Karimov paytida Samarqand e’tibordan chetda. Bobolarimiz buyuk imperatorliklar qurganlar, ilm sirlarini ochganlar, yulduzlarga yo’l topganlar, lekin mahalliychilikka kelganda dar qolganlar. Nahotki bu millatimizning qonida bor?!

Talabalik yillari “Surqash”, “Sambux”, “Fan” kabi nomlar bo’lardi. Bu talabalarning qaysi mintaqadan kelganini bildiruvchi “parol” edi. Keyinchalik poytaxtda ishlar ekanman, radioda keksa jurnalist Zayniddin aka menga “Kelgindi” deganida yuragimning bir parchasi uzilib tushgandek bo’lgandi.

Biz qachon ana shu xastalikni enga olsak, o’shanda katta millatga va katta davlatga aylanamiz. Aks taqdirda chumolidek, inimizning boshida uymalab, puch qobig’ni orqalab, u yoqdan bu yoqqa tashib  yuraveramiz.

Hatto bir tumanga borsang ham, bir qishloqqa borsang ham mahalliychilik ilon kabi oyog’ing ostidan chiqadi.

Mana bular esa mahalliychilikning ildizini yashnatishadi-da, keyin o’zlari shikoyatchi bo’lishadi. Xayolimdan “yilt” etib o’tgan bu fikrni tahlil tarozisiga qo’yishni boshqa paytga “otdim”-da Tursunovga:

-Bo’lishi mumkin,-dedim, -Lekin ana bu iddaolarni oxiriga qadar tekshirishimiz kerak. Ba’zilari allaqachon tasdiqlandi. Masalan, go’sht kombinatiga jinoyatchilik qilgan, o’n yil hukm olgan va qamoqdan qochgan uzoq qarindoshingizni mudir qilib qo’yibsiz yoki davlat hisobiga bo’lgan bolalar bog’chasi binosini yosh bir qizga hovli qilib beribsiz…

Tursunov o’rnidan turib, qizarib-bo’zargancha bir nimalar demoqchi bo’ldi, lekin tili aylanmadi. Xonada u yoqdan bu yoqqa bir-ikki borib keldi-da, qarshimda o’tirib:

-Narxini oshirib yuborayapsiz. Ko’nglingizdagini ayting!-dedi.

Boshimga yashin tushgandek bo’ldi.

-Sizni tushunmadim, nima deyapsiz o’zi?-deya oldim.

-Men o’g’il bolacha gapirishni yaxshi ko’raman. Bu ishga nuqta qo’yaylik. O’sha nuqtaning bahosini aytib qo’ya qoling,-dedi u.

Uzoq yil gazetada ishlaganim va turli odamlar bilan ro’baro’ bo’lganim uchun o’zimni tutib qoldim. Tursunovga qarab jilmaygancha o’rnimdan turdim va:

-Nuqtani xalq qo’yadi,- dedim kinoya bilan.

-Unday bo’lsa, siz vergul bilan bitirasiz ishingizni va o’zingiz ham vergulga aylanib qolasiz,-dedi zaharxanda jilmayish bilan Tursunov.-Majlisda Islom akaga qarshi gapirganingiz unutildi, deb o’ylaysiz-mi?

Aslida rasmiyatchilik uchun u bilan uchrashgandim. Uning haqoratomuz gaplariga keskin javob qilmadim, deya o’zimni koyiy boshladim.

Avvaliga u bilan nega uchrashdim, deya o’zimni qiynadim. So’ngra hech bo’lmasa uning kimligini o’rgandim, deb ovundim. Tursunov kabi rahbarlar bilan ko’p uchrashganman, lekin bunday bezbetiga ilk bor ro’baro’ keldim. U bunday tavri bilan o’zini ko’rsatmoqchi bo’ldimi yoki orqasida katta tog’ borligiga ishora qildimi? Agar Karimov bilan oralarida bulbul sayrasa, nega Karimov uni bu qadar haqorat yetti? Axir Karimovning o’z qardoshiga ham ishonmasligini, hatto bilmasdan oyog’ini bosib qo’ysa, sevgan do’stidan ham kechib yuborishini nahotki bilmasa? Yo’q, biladi, buning ahvoli joni uzilayotgan odamni eslatadi. Joni chiqishidan oldin oyoqqa qalqib, hayotga tashnaligini ko’rsatishga intiladi inson. Bu ham “o’zini” ko’rsatayapti. Balki orqasida boshqa kuch bordir? Bu kuch balki Karimovdan ham og’ir bosar?

Shikoyatchilarni qabul etarkanman, shom inib qolgan bir paytda qo’shni xonada telefonga chaqirishayotganini aytishdi. Karimovning yordamchisi Kraynov ekan, salom-alikdan keyin:

-Oqsoqol iltimos qildilar Muborakka borib ikki do’stingizni yarashtirib kelar ekansiz, -dedi.

-Muborakda mening do’stlarim yo’q-ku? -deya ajablandim.

-Nega unday deysiz? Murod Jo’raev yaqin do’stingiz,  Raykomning birinchi kotibi esa universitetda birga o’qigan kursdoshingiz. Murod Jo’raevning o’ttizga yaqin yigiti ochlik e’lon qilgan. Islom akam sizga vakolat berdilar, kim aybdor bo’lsa, uni ishdan chetlashtirishni taklif qilasiz va viloyat rahbarlari darrov ijro etishadi.

“Ochlik qilishayapti” degan gapni eshitgandim. Haqiqatdan ham masalani favqulodda jiddiy, deb o’yladim. Darhaqiqat, Muborak masalasi ikki yildan buyon Karimovning ham, jumhuriyat tashqarisidagi matbuotning ham kun tartibida. Lekin shu daqiqada Jizzaxdagi ishni chala tashlab ketgim yo’q edi. Bu ishni oxiriga etkazishga qaror qilgandim. Agar ketib qolsam, birga kelgan tekshiruvchilarning holi nima bo’lishini yaxshi tasavvur qilardim. Shu bois Muborak masalasini ikki kun keyinga qoldirmoqchi bo’ldim. Kechki ovqat paytida tekshiruvchilarga:

-Ikki kundan keyin poytaxtga qaytamiz. Shu sabab tekshirishni biroz tezlashtirsak,- dedim.

“Ikki kun u yoqda tursin, ikki oyda ham natija olishimiz qiyin. Mening qo’limda dom-daraksiz yo’qolgan o’n ikki kishining ismi-sharifi bor. Ularni mirshabxonaga qadar keltirishgani haqida ma’lumot beruvchi guvohlar bor. Lekin mirshabxonadagi barcha hujjatlarni viloyat rahbarlari talab qilib olishgan. So’rasak, har turli bahona ko’rsatishayapti” kabi qancha vajlarni aytishdi.

-Biz reviziya qilish uchun kelmadik,- dedim .- Bizning maqsadimiz shikoyatlarning to’g’ri yoki notog’ri ekanligini, siyosiy xulosani aytishdir. Yo’qolgan insonlarning viloyat rahbarlari haqida shikoyat yozganlari va mirshabxonaga keltirilganlari biz uchun etarli dalil. Ularning qismatlari haqidagi dalillarni o’rtaga chiqarish esa ikkinchi etapda amalga oshadi. Hozirgi rahbarlar turgan ekan, ikki oy emas, ikki yilda ham ko’r tugunni echolmaymiz.

Muborakka bormay Toshkentga qaytib Karimov uchun hisobot hozirladim va unga olib kirdim. U Muborak haqida gap ochmadi, aksincha erinmasdan hisobotni o’qiy boshladi. Gohida ajablanar, gohida tutoqib ketardi.

-Rostdan shu ishlarni Erkin qilibdimi, tamom, uning onasini…,- u Erkin Tursunovni kurakda turmaydigan so’zlar bilan  so’kib, ayblay boshladi.

-Rahmat sizga, haqiqatni o’rtaga chiqardingiz,-dedi keyin men bilan xayrlashar ekan Karimov,- Ertaga yana Jizzaxga borib ana u chollar bilan ham uchrashing va Tursunovni ishdan olib tashlashimiz haqida bildirib qo’ying. Yana Toshkentga kelishga tayyorgarlik ko’rishayotgan ekan.

U keyin yana bir ikki nuqtalarni aniqlashtirishni ham so’radi. Jizzaxga qaytsam,  tekshirish uchun kelganlarga tazyiq yana ham oshibdi.

-Parvo qilmanglar, tekshirishda davom etamiz, haqiqat baribir o’rtaga chiqadi,-dedim.

Bu gapimga viloyat idorasidan hay’atga qo’shilgan kishi e’tiroz bildirdi:

-Nima, Siz rahbarlarimizni aybdor, deb o’ylayapsizmi?

-Biz sud yoki qaror beruvchi emasmiz, lekin hay’atning yo’liga to’siq qo’yilayotgani ko’rinib turibdi,- dedim.

-Siz bu soatdan e’tiboran tekshirish hay’atining boshida emassiz. Prezident sizga boshqa ish buyurdilar,- dedi vakil jahli chiqqanini ochiq namoyish yetib.

-Prezident bu haqda sizga aytdilarmi?

-Bizga  sizni Muborakka kuzatib qo’yish aytilgan,-dedi u.

Avval Muborakka telefon qilib, Murod Jo’raevdan vaziyatni o’rganishim kerak, so’ngra Karimov bilan gaplashib, bu tekshirishni oxiriga qadar etkazish muhimligini tushuntirishim lozim deb o’yladim.

Murod Jo’raevning poytaxtda ekanligini aytishdi. Kraynovga telefon qildim. U Karimov uyiga ketganligini aytib, devonda navbatchi bo’lib o’tirgan maslahatchi Shoxobiddin Ziyomovni bog’ladi.

-Oqsoqol menga bu ishni nazorat qilib turishimni aytdilar. Sizni allaqachon Muborakka yetib borgan deb, o’ylagandik. U erda vaziyat jiddiy, raykomning birinchi kotibi bu kecha uxlamasdan sizni kutadi,-dedi u.

-Jizzax nima bo’ladi? Bu yerdagi hay’atni orqaga chaqirib olishni kim buyurdi?-deb so’radim undan.

-Kim bo’lardi, o’zlari buyurdilar. Qaytganingizda qo’lingizda to’plangan dalillar bo’yicha hisobotni to’ldirib, topshirar ekansiz. Ish pishib qolgan,  yaqinda borib sessiya o’tkazib, viloyat rahbarini bo’shatib kelar ekanlar. Muborakda vaziyat jiddiy, sizdan shaxsan iltimos qildilar, – dedi Ziyomov Muborak masalasiga urg’u berib.

Qarshida viloyat rahbarining birinchi o’rinbosari kutib oldi. Uni tanidim. Ilgari ham bir marotaba kelgandim, o’shanda tanishgandik. U bilan Muborakka qarab yo’lga tushdik.

-Murod Jo’raev poytaxtda ekan, borganimiz bilan u bo’lmasa, nima qilamiz?-dedim men.

-Murod Jo’raevni ishdan bo’shattik.U shikoyatga ketgan. Bugun prezident bilan uchrashdi. Yurtboshimiz uning ta’zirini berib qo’ydilar, endi bu yerlarga qaytib kelmasa kerak,-dedi o’rinbosar.

-Bu xususda adashmadingizmi?-dedimu o’ylanib qoldim.

Murod Jo’raevning nomini ilk bor “Ozodlik” radiosidan eshitgandim. Saylovlar arafasida u ham shahar kengashiga, ham Oliy kengashga nomzodini qo’ygandi. O’shanda shahardagi Gazni qayta ishlash zavodi ruslarning qo’lida bo’lgani va shahardagi xonadonlarga ataylabdan gaz berilmaganini aytgandi. Saylovda u nafaqat o’zi balki o’ttizga yaqin tarafdori bilan birga g’olib chiqdi uni ijroqo’m raisi etib saylashdi. Birinchi qilgan ishi mirshabxona va prokraturadagi kommunistik partiya sho”balarini tarqatib yubordi. Ya’ni bu idoralarni partiyadan xoli, deb e’lon qildi. Bu o’sha kezda kommunistik partiyaning boshida turgan Karimovga qarshi isyon edi. Isyon bo’lganda ham ikki karra isyon edi. Chunki Moskva gazetalari Karimov jumhuriyatda ilk zarbani o’zi ishlagan viloyatdan oldi, deya yozishdi.

Viloyat rahbarlari ham tipirchilab qolishdi, chunki ular mirshabxona va prokraturani partiya yo’li bilan qo’lda tutardilar. Murod Jo’raev esa bu idoralarni ularning qo’l ostidan chiqarib, shahar  deputatlar kengashi nazoratiga oldi. Bu orada shaharda mustaqil televidenie ochib, hamma narsani oshkoralik yo’li bilan hal qila boshlashgani ma’lum bo’ldi. O’shanda Karimov bu televidenieni yopib tashlagani bois Murod Jo’raev Oliy kengashning biz ishlagan Oshkoralik qo’mitasiga shikoyat qilib borgandi.

Xullasyu bu yoqlarga yuborilishim ortida qandaydir o’yin o’ynalayotganini sezardimu lekin bu ip uchini topolmayotgan edim. Toshkentga qaytgachgina o’yinning siri ochildi. Karimov Jizzaxga  borib, sessiya o’tkazib, partiya birinchi kotibi Erkin Tursunovni hokim, ijroqo’m raisi O’ktam Olimovni birinchi o’rinbosar etib tayinlabdi. Keyin sabablari haqida ko’p gaplar eshittim. Karimovning o’zi esa hech narsa bo’lmagandek, “Viloyatdagi vaziyat yomonlashgan ekan, boshqa choramiz qolmadi” deb o’zini oqlagan bo’ldi.

Jizzax sessiyasidan keyin ko’p o’tmay Karimov oqsoqollar haqida “Avtobus hokimiyati” degan feleton chiqartirdi Devonda ishlab turgan jizzaxlik taniqli jurnalsit Sharof Ubaydullaev yozgan bu feletonning asl muallifi Karimovning o’zi edi. Karimovni  Erkin Tursunov qanday sotib oldi bu yog’i menga qorong’u, lekin u Tursunovni limonday qisib suvini olib, keyin o’zini “otib yubordi”. O’ktam Olimovdan ham voz kechdi. Meli Qobilov esa uzoq yillarga qamatildi. Sharof Ubaydullaevnng ham “qadri”ga etmadi. Yana bir ikki feleton yozdirib, keyin devondan va umuman ishdan chetlashtirdi.

Keyinroq o’rgandim-ki, Karimov “O’zbekiston meniki va boshqa odam chang solmasligi” kerak deb o’ylar va undan yashirib xazina to’plagan viloyat hokimlarining boyliklarini turli yo’llar bilan tortib olar ekan.  Gulnora Karimovaning million-million dollar miqdoridagi boyliklari qayerdan kelganini endi faraz qilishingiz mumkin.

Shuningdek, Karimov ariza yozgan va shikoyat qilgan odamlarni yomon ko’rishni o’rgandim. Bunday odamlarni garchi ular haqni yozgan bo’lsalar ham ig’vogar, deb biladi. Shu sababdan jizzaxlik oqsoqollar ham uning nazdida ig’vogarlar edilar va har birlari alohida quvg’inga olinib, oila a’zolari ta’qib etilib, kimlari o’ldirilib, kimlari darbadar qilindilar. Karimov qo’zg’olon holiga ko’tarilmagan  “Jizzax qo’zg’oloni”ni an shunday bostirib tashlagan edi.

Lekin Jizzaxda hokimlar almashaverdi, Toshkentboev, Mirziyoev, Yomonqulov va hokazo. Xalqqa zug’um va zulm kuchayib boraverdi. Bir hokim xalqni talab bo’lgandan keyin ikkinchisi talashni boshlardi. Kaltaklanish, qamalishlarga qaramay xalqning “qo’zg’olonlar”i ham turli ko’rinishlarda davom etaverdi. Toshkenboevga qarshi chiqqanlar surgun bo’ldilar, Mirziyoevga dardini aytaman, degan ayollar va chollar kaltaklandilar, Yomonqulovga arz qilganlar bozoru mozorlaridan ayrildilar.

1916 yilda mardikorchilikka qarshi bosh ko’targan Jizzax o’sha kezda “boshi”dan ayrilgandi. Qarang-ki bunday ko’rgulik mustaqillik yillarida ham uning peshonasiga yozilgan ekan. Faqat Jizzaxning-mi? Yo’q, bu hol barcha viloyatlarda ayni ko’rinishda davom etdi va davom etmoqda. Boshqacha aytganda butun O’zbekiston bostirilgan qo’zg’olonlarning qabristoniga, maydoniga aylandi. Shunday emasmi? O’zingiz bu savolga javob qidirib ko’ring-a?

Bunday devonlik, maynavozchilik, aldovlardan bezishim uchun 100 kun etrali bo’ldi.  Bu joylar uchun begona edim. Shu bois bir kun yozgan nutqimdan xursand ekanligida, Karimochdan o’z sohamga ishga yuborishini so’radim. U bir-ikki ishni taklif qildi rozi bo’lmadim, televideniega borishim mumkinligini aytdim. Ochiq shtat yo’q. Ammo Prezident uchun bu muammo emas. Yangi shtat ochdi.

18.TALABALAR SHAHARCHASI

Yanvar oyining o’rtasi bo’lishiga qaramay havo yumshoq edi. Televidenieda ishlayotganimga bir necha kun bo’lgandi. Ish ko’pligidan sahar kelib, yarim tunda qaytardim. Shu kuni ertalab xonamda yangi tayyorlangan dasturlarni ko’rib, kundalik majlisga loyihalar tayyorlayotgandim. Xodimlarimizdan biri hovliqib kelib qoldi.

-Bugun Talabalar shaharchasida qandaydir voqealar yuz bermoqda, otishmalar bo’lmoqda,-dedi.

Televideniega o’tganimdan buyon devondagi gaplardan unchalik xabardor emas edim. Balki devonda bo’lsam ham bu o’yinlardan xabardor bo’lishim mushkul edi. Chunki devonda nafaqat talabalar shaharchasi, balki o’zimga qarshi ham yangi o’yinlar hozirlanganidan keyinchalik xabar topdim.

Talabalar shaharchasidagi voqealarni bilish uchun mashinamga o’tirib, o’sha tomonga yo’l oldim.  Shaharchaning atrofi mirshablar bilan o’rab olingandi. Mashinamni to’xtatishdi.

-Ichkariga kirish mumkin emas, – dedi mirshablardan biri.

-Bu kishi depuat…,- dedi shofyorim..

-Deputat va rahbarlar uchun bu yer tahlikali. Tuman markazida rahbarlarimiz o’tirishibdi. Ular kimni istashsa, uni o’zlari bilan birga olib kirishadi. Prezidentning topshirig’i bu!

Mashinadan tushib mirshablarning boshlig’iga yuzlandim:

-Mayli, meni kiritmanglar, lekin muxbirlarga izn beringlar,- dedim.

-Sizni tanib turibmiz. Agar ichkariga o’tkazib yuborsak, boshimizdan ayrilamiz.  Boya bir ikki millatvakillari borishdi, ammo talablar ularni toshbo’ron qilishdi.

-Kimlar bordi?-deb so’radim men.

-ERK partiyasining raisi Muhammd Solih bilan, Bosh Prokuror Bo’ritosh Mustafoyev talabalarni tinchlantirishga urinmoqchi bo’lishdi, ammo quloq solishmadi, ularni toshbo’ron qilishdi, arang qochib, qutulib qolishdi,-dedi mirshab.-Shu sabab  muxbirlarga ham ruxsat yo’q.

Xullas, Toshkent shahar hokimi Fozilbekovga qo’ng’iroq qilgandan keyin ular muxbirlarga izn beradigan bo’lishdi,  ammo tahlika deya o’zimga ruxsat berishmadi.

“Axborot” bo’limida ishlayotgan Komiljon Karimjonovni va operatorlarni shaharchaga  jo’natdim.

Asosiy ishim televidenieda, bugungi dasturlarni o’zgartirishim, hukumat rahbarlarini taklif yetib, xalqni xabardor qilishim, kontsert dasturlarini to’xtatishim kerak, deb o’yladim. Chunki bir tomonda otishmalar davom etgan paytda, biz kontsert ko’rsatib o’tirsak, na aqli-salimga va na insoniylikka to’g’ri keladi.

Ishxonamga qaytib Bosh vazirga sim qoqdim. Hali yaqindagina Bosh vazir etib tayinlangan Abduhoshim Mutalov bilan yaqinda kasalxonada uchrashgandim. O’shanda Mutalov vazir edi. Karimov “onangni” deb haqorat qilgani uchun xastalanib kaslaxonada davolanayotgandi.

Salom-alikdan so’ng munga:

-Talabalar shaharchasida nima bo’layapti? Eshitishimizcha, talabalarga non yuborishmabdi. Buning ustiga och qolgan talabalarni kaltaklashibdi. O’q tovushlari eshitilgani haqida xabarlar kelmoqda. Hukumat bu xususda xalqqa biror bir tushuntirish bermaydimi? Qolaversa, nega bu qadar mirshab va askarlar shaharchani o’rab olgan? – dedim.

-Jahongir aka,-dedi Abduhoshim Mutalov garchi yoshi mendan ancha ulug’ bo’lsa-da. – Bilasiz-ku, bu xususda “katta” bilan bilan gaplashish kerak.

-Menimcha, siz qo’ng’iroq qilsangiz yaxshi bo’larmidi?- dedi Abduhoshim Mutalov tovushini yutib.

Birozdan keyin Devonga sim qoqdim:

-Ishlar yaxshimi? Korho nag’zmi? Kak dela? – deya uch tilda “sayray” boshladi Kraynov.

Uning kayfiyatiga qaraganda, dunyo tinch. Ba’zan mutloq teskarisi ham bo’lishi mumkin, ichkarida jiddiy tortishuvlar yoki Kraynov iborasi bilan aytganda “osmon yiqilib tushgan” paytlarda u sir saqlashga urinadi. Talabalar shaharchasi haqidagi gapni eshitgan Kraynov rasmiy ohangda:

-Siz Bosh vazirga ham telefon qilgan ekansiz. Hozirgina o’rtoq Karimov Oliy kengash raisi Yo’ldoshevga topshiriq berdilar. U ikki daqiqa oldin Devondan chiqib ketdi. Tez orada o’z xonasiga yetib boradi. Bu masala bilan endi u shug’ullanadi.

Oliy kengash raisiga sim qoqdim. Yo’ldoshev do’rillagan ovoz bilan xuddi radioda bayon o’qigandek rasmiy ohangda gapira boshladi. Bu esa uning Karimovdan rostdan ham topshiriq olganini ko’rsatardi. Aks taqdirda u hol-ahvol so’rashdan nariga o’tmasdi. Har bir narsadan hurkadigan Yo’ldoshev bunday jiddiy ohangda xuddi hisob berayotgan kabi gapirar ekan, demak saroy qozonida ko’p narsa qaynamoqda.

-Maxsus xabarnoma e’lon qilamiz,- dedi Yo’ldoshev.- Komissiya tuzayapmiz. Komissiya tarkibiga jamoatchilik vakillari, huquq-tartibot organlari rahbarlari, muxolifatchilar ham kiritiladi. Adhambek Fozilbekovich voqealar rivoji haqida gapirib beradilar. Qaysi paytda ko’rsatasiz?

-”Axborot”dan avval “So’ngi soatda” degan rukun ostida beramiz.

-Yaxshi, tayyor bo’lib turing!

Yo’ldoshev ham engini, ham pochasini shimarib olgan kishini eslatardi. Bevosita Karimovdan topshiriq olganiga shod edi. Bu odamdan bir ish chiqishi qiyin, deb o’yladim-da, siyosiy-iqtisodiy ko’rsatuvlar tahririyati mudirini chaqirdim. Unga shahar rahbarini topishni va uning bayonotini yozib olishini uqtirdim.

-Shaharchadan keltirgan barcha reportajlarni beramiz, ortidan esa rasmiy qarashni e’lon qilamiz, – dedim.

Ko’p o’tmay mudir hovliqib keldi.

-Shahar idorasida hech kim yo’q Hamma Talabalar shaharchasi yaqinidagi shtabda ekan. Shtabda faqat hukumat telefoni o’rnatilgan. Shu bois o’zingiz qo’ngiroq qilsangiz.

Hukumat telefonidan shahar rahbari telefonining raqamlarini terdim. Telefon jiringlarkan, narigi tomondan “xasaki” ovoz eshitildi. Bu Fozilbekov edi. Xirrik ovozda nutq irod qiladigan Fozilbekovni ilk bor katta bir qurultoyda ko’rgandim. Rangi oqarib, chehrasi so’lib qolgan Fozilbekov o’shanda avval Moskovdagi to’ralarning “po’stagini qoqdi”, shaharda jinoyatchilik haddan oshgani, hatto poytaxt shahar mirshablari boshlig’ining mashiinasini o’g’irlab ketishgani, shunga qaramay mirshabboshiga general unvoni berilganidan ranjib gapirgandi.

Bu o’sha paytda Kommunistlar partiyasinig boshida o’tirgan Karimovga tegib ketdi. Chunki faqat uning tavsiyasi bilan general unvoni berilardi.  Shu bois Karimov Fozilbekovni chimdib oldi:

-Ikki kishi bir ko’rpaning ostida yotolmasangiz, ZAGSga aytamiz ajratib qo’yadi,- dedi u yonidagi ikkinchi kotibga qarab. Ikkinchi kotibning kadrlar masalasi bilan shug’ullanishini hamma yaxshi bilardi.-Kimga general unvoni berish-bermaslik esa bizning ishimiz.

O’shanda ko’pchilik Fozilbekovning ildizi quridi, u barg to’kayapti, yaqinda gursillab yiqiladi, desa-da u mahkam chiqdi. To’g’rirog’i Shukrullo Mirsaidov uni asrab qoldi. Ammo Karimov o’z kreslosini mustahkamlab olgan kunlarda Fozilbekov baliqdek siyrilib, Mirsaidov arig’idan Karimovning dengiziga “sakradi”. Endi Karimov uni Mirsaidovga qarshi qo’llana boshladi…

Telefonning naryog’idan kelgan xirrik ovoz birdan tinchib qoldi. Keyin boshqa tovush eshitildi:

-Bu telefon nomeri 54 – 59, kim bilan gaplashmoqchisiz?

-Adham akani qidirayapman,- dedim.

-U kishi hozirgina chiqib ketdilar. Hukumat komissiyasiga televidenie rahbarlaridan Elbek Musaev ham kiritilgan, qolaversa, radio-televidenie raisi Erkin Hayitboev  xabardor.

-Hali o’zimni tanitganim yo’q, maqsadimni ham aytganim yo’q siz esa hammasiga oldindan javob berdingiz. Yoningizda kim borligi o’z yo’liga, lekin Fozilbekovga ayting, hukumat nomidan gapirish u kishiga havola qilindi. Biz haqqoniyat uchun hukumat fikrini ham bermoqchimiz. Agar gapirmasalar reportajlar bilan kifoyalanib qolamiz, – dedim.

Elbek Musaev ilgari mening vazifamni bajargan. Ijodiy tomondan talantli ammo rahbar sifatida yumshoq odam. Uning o’rniga meni tayin etishganda uni bo’shatishmadi. I Bitta kabinetda ishlab yurdik. Keyin uni vazifasi aniq bo’lmagan birinchi o’rinbosarlikka o’tkazishdi. Mana endi hukumat komissiyasi tarkibiga qo’shishibdi.

Hozir esa telefonda gaplashayotgan odam pichirlab mening gaplarimni yonidagi kishiga takrorladi. U Fozilbekov edi. Mening tovushimni tanigani uchun telefon dastasini yonidagilardan biriga bergandi. U ingichka ovozda “Hammasi o’zini olib qochadi” dedi. Bu gaplar menga eshitilib turgan bo’lsa-da, telefon dastasini tutgan kishi:

-Bilishimizcha Adham aka Oliy kengash raisi bilan gaplashdilar, u kishi ham rozi bo’ldilar. Televizorda Abduhoshim Mutalov chiqadigan bo’ldilar, – dedi.

Birozdan keyin myana Yo’ldoshevga sim qoqdim:

-Bilaman, “Axborot” soati yaqinlashib qoldi. Abduhoshim Mutalov chiqadigan bo’ldilar! – dedi u qisqa qilib.- Bu haqda Elbek Musaevichni va Erkin Hayitboevning xabarlari bor.

Bu bilan u masalaga siz aralashmang ishorasini qilayotgandi.  Yoshi bir joyga borib qolgan  Elbek akani nega komissiya tarkibiga qo’shganlari ham oydinlasha boshladi.

Oradan besh daqiqa ham o’tmay Hayitboev telefon qildi:

-Men Talabalar shaharchasidan qaytayapman, – dedi u.

-Nima bo’layapti o’zi? Siz qachon borib ulgurdingiz? Meni shaharchaga o’tkazishmadi-ku?! Borib voqealarni o’z ko’zim bilan ko’rib kelmoqchi edim,-dedim hovliqib.

-Bu tomonga yaqin kelmang. Hech kimni ichkariga kiritishmayapti. Qolaversa, voqealar kecha kechasi yuz bergan, hozir esa shaharchada osoyish hukum surmoqda. Menga muhtaram Yo’ldoshev janoblari telefon qildilar, birov orqali emas, shaxsan o’zlari, xalqimizni voqealardan xabardor qilsak, dedilar. Islom akam ham hassosiyat bilan bu masalaga e’tibor bermoqdalar. U kishining topshiriqlari asosida Bosh vazir xalqqa murojaat qiladi. Siz butun televidenieni ana shu ishga safarbar qiling, ichki masalalar bilan shug’ullaning, tashqi masalani men bilan Elbek akangizga qo’yib bering, darvoqe ana u buzg’unchi deputatlar telefon qilishmayaptimi?- dedi u.

-Buzg’unchilar kim ekan? Marat Zohidov kabilarmi?,- dedim ataylab.

-Unaqa demang, Marat aka hozir asosiy figura. Bevosita kattalar bilan gaplashib turibdilar. Men shunchalikka ayttim qo’ydim-da, bunga e’tibor qilmang, Bosh vazirning chiqishlarini tashkil qilgunimcha ona suti og’zimga keldi,-deb Hayitboev ustalik bilan gapni boshqa tomonga burdi.

Reportajlarni ko’rib, ularni Parkent, Farg’ona voqelaridagi tasvirlar bilan solishtirib xonamga qaytar ekanman telefon jiringladi. Bu Bosh vazir edi.

-Jahongir aka, meni shu ishdan qutqazing, hozir bir tumandaman. Boshqa birortasini topib, yozib olsangiz, iltimos,-dedi u.

-Bu masalani Hayitboev bilan Musaev hal qiladigan bo’ldilar. Men faqat yozib olishga ma’sul,-dedim.

-Ular rozi, Adhambek aka bilan Shavkat aka ham rozi, faqat siz ham rozi bo’lsangiz…

-Yuz bergan otishmalarda qon to’kilgan.Qo’limizda reportajlar bor. Mirshablar hadlarini bilishmagan. Qolaversa, ularga kim buyruq bergani ertami kechmi o’rtaga chiqadi. Ba’zi taxminlarimiz ham rost bo’lib chiqmoqda. Voqea uyushtirilganga o’xshayapti. Bo’lmasa nega mirshablarga Bojxona rahbari boshchilik qilmoqda. Bojxonaning bu ishga nima aloqasi bor? Siz hukumat rahbari sifatida xalqning oldiga chiqib, ikki og’iz so’z aytmasangiz, kim aytadi? Axir bu voqealar nega boshlandi? O’q otgan kim, o’lganlar kim, nima uchun shuncha voqea yuz berayapti-yu hukumat jim? Bu savollar faqat meni emas, butun xalqimizni qiziqtiradi. Hayitboevning iborasi bilan aytganda, biz buzg’unchi deputatlarni qiziqtiradi, bu masala! Bugun oqshom televidenie ana shu savollarga javob berishi kerak. Qo’limizda boshqa narsalar ham bor. Talabalar shaharchasida studentlarning oldida turib “Ur” deb baqirayotgan yo’lboshchilarni Parkent, Farg’ona voqealari yozilgan tasvirlardan ham topdik. Ular soqol qo’yib olgan KGB chilar emasmi?

Telefonning naryog’idan tovush  kelmadi. Abduhoshim Mutalovning tovushi ichiga tushib ketgandi. U zorlangan ovozda:

-Menga yordam bering, – dedi.

-Pezident bo’lganimda edi, mendan yordam so’rasangiz,-deb javob qildim.

Shu damda Bosh vazirga rahmim keldi. Lekin respublika rahbarlari nima sababdan xalqning ko’ziga qarashdan cho’chishmoqda, deb o’yladim. Xalqimiz “Xo’sh, Karimov qayerda? Namoyish bo’lgan, yong’in chiqqan joylarga borib, ot minib, olomonni to’xtatganman, deya takrorlovchi zot nega kabinetidan chiqmayapti? Agar u ikki chaqirimli yo’ldan cho’chimay Talabalar shaharchasiga borganda, olam guliston edi. O’qlar otilmasdi, qon to’kilmasdi” deb o’ylashmaydimi? Xalq o’ylaydi-yu lekin xalqning o’ylaganini bular hatto xayolda jonlantirishga cho’chiydilar.

Reportajlarni ko’rarkan, vujudimni titroq bosdi. Besh-olti mirshab bir qiz talabani sudrab ketishmoqda. Uch-to’rt OMONchi esa bir talabani yerga yotqizib tepishmoqda. Talabalar yotoqxonalardan biriga bostirib kirgan mirshablar dush qilayotganlarni ham kaltaklashganini aytishmoqda, derazadan boshini chiqaragan talabaga qarshi o’q uzishganini vahima bilan hikoya qilishmoqda. Nahotki, shu darajada vahshiylashib ketdik? Bu mirshablar hayvonot bog’ida etishtirilgan emas, bular ham qaysi bir ota-onaning farzandlari-ku?! Balki bu talabalar orasida ularning ham ukalari, singillari bordir?

Nahotki, yuqoridan kelgan buyruqqa ko’r-ko’rona bo’yin egib, o’z qardoshlariga o’q otsalar? Axir bu talabalar Karimovning saroyini kul qilib ko’kka uchirmadilar? Bor-yo’g’i nonimiz qani, nega nonimizning bahosini qimmat qildingiz, deb so’rashdi. Nahotki, ular o’zlarini qul deb bilsalar, mansabdagilarning quli deb bilsalar?! Yoki kiyib olgan liboslari ularni robotga aylantirdimi? Qalbi yo’q, aqli yo’q, fikrlamoqdan, mushohada qilmoqdan mahrum bo’lgan robotlarga aylandilar-mi? Balki bir kun bu talabalarning ham ba’zilari mirshab bo’lar? Ular ham o’z farzandlari, o’z aka-ukalariga qarshi qurol ko’tarmaydilarmi keyin? Qasos olmoq uchun shu yo’lga bosh o’rmaydilar-mi? Bir insofsizning mansabini ko’riqlash, bir xoinning obro’yini asrash uchun qon to’kkan bu insonlarga nima deyish kerak?!

Qiziq nega talabalarning huzuriga Bosh prokurorni yuborishdi? Prokurorni u yerga yuborish kimning xayoliga keldi ekan? Tabiiyki prezidentning ko’rsatmasi bo’lmasa prokuror bormaydi. Bunday sharoitda tahdiddan boshqa narsani bilmaydigan Bo’ritosh Mustafoyevni yuborishni qanday tushinish kerak? Talabalarni qizdirish, bu ham fitna. Demak, yuborgan odam shuni istagan. Har tomondan qurshab olingan, kaltaklanayotgan, sudralayotgan odamga “sening jazong o’lim” desangiz, u rahmat deydi-mi? Hali ham talabalarimiz insofli ekan.

Oliy kengash raisi telefon qildi:

-Sizni ham qiynab qo’ydik,-dedi u o’zim qiynalib ketdim, degan ohangda.

-Xalqqa biror gap ayta olmasak, ana u qiyin,- dedim. -Sizga nima? Hayitboev ishning ichida, birinchi o’rinbosari Musaevni komissiyaga qo’shdik. Ana ularning vijdoni qiynalsin. Qolaversa, bugunn beriladigan barcha ko’rsatuvlarni komissiyamiz a’zosi sifatida o’rtoq Musaev ko’rib chiqsin. Bilasiz, bir ish yuzasidan tergov boshlansa, unga hech kimning xalaqit qilishga haqqi yo’q. Biz tekshiruv olib borayapmiz. Komissiyamiz faoliyati boshi berk ko’chaga kirib qolmasligi uchun har turli tadbirlar olishimiz kerak. Eshitishimcha, siz Talabalar shaharchasiga muxbirlarni yuboribsiz-mi?

-Muxbirlarning borib bormasligi siz uchun voqea emas, lekin bir deputatning mirshablar tomonidan yo’ldan qaytarilishi sizni qiziqtirishi kerak, chunki raisimiz bo’lasiz.

-Siz bormasangiz ham voqealarga aralashganingizni bilamiz. Bundan bu yog’iga ehtiyot bo’ling,- dedi YO’LDOSHEV va qo’shimcha qildi.- Islom akamlarning topshiriqlari bilan hozir Bosh vazir o’rinbosari Erkin Samandarov yetib boradi. Musaevdan keyin ko’rsatuvlarga nazar tashlaydi va lozim topsa, “Axborot”da chiqib gapiradi.  Ha, darvoqe bu ishni o’rganish bizga topshirilgan. “KGB” degan nozik gaplarni aytib yurgan ekansiz, biror dalilingiz bo’lsa komissiyaga topshiring. Bo’lmasa bunday obro’li idoraning sha’niga tosh otmang-ki, oxiri baxayr bo’lmaydi.

Ertalab boshlangan bu hangoma kechgacha davom etdi. Nihoyat toqatim toq bo’lib  devon kotibiyatining boshlig’iga telefon qildim:

-Iltimos, kirib Karimovga ayting, ko’rsatuvlarimizga tsenzura qo’yishayapti. Ttelevidenie rahbarligiga  kelayotganimda bu masalani ko’targandim va  u kishi “Birov tsenzura qo’yadigan bo’lsa boshini olaman”, degan edilar. Talabalar shaharchasidagi voqea dunyoga yoyildi. Moskva ham ko’rsatadi, bizning jim turishimiz jinoyat bo’ladi,- dedim. -Hozir shuning maslahati bo’layapti,-dedi kotibiyat boshlig’i.-Oqsoqolning huzurlarida shu xususda majlis o’tkazilmoqda.

Birozdan keyin yana Yo’ldoshev telefon qildi.

-Hammasining dami chiqib ketdi. Bu masalani ertaga hal qilamiz. Bugun hukumat komissiyasi tayyorlagan xabar bilan komissiya ro’yxatini e’lon qiling,- dedi u.

-O’ttiz ikkita ism-sharifni o’qishdan nima ma’no chiqadi? Qon to’kilgani, talabalarni otishga kim ro’xsat bergani, necha kishi o’lgani va necha kishi yarador bo’lgani, buning aybdorlari kimligi – bu savollarga bugun javob berishimiz kerak!

-Mayli, buni Hayitboev bilan gaplashamiz,-dedi Yo’ldoshev va boshqa telefon jiringlayotganini aytib, suhbatni kesdi. Besh daqiqa o’tar-o’tmas xonamga Hayitboev kirib keldi:

-Nega men bilan maslahat qilmasdan kamera yubordingiz?- dedi u hovliqib.- Menga Islom akamning o’zlari telefon qilib, “Kamera-pamerangni yig’ishtir” deb aytdilar. Hatto meni “latta” deya haqorat qildilar, rahmatli onamni ham tinch qo’ymadilar.

-Siz o’zingiz nega bir necha marta borib keldingiz-u kamera olib bormadingiz. Siz va mening vazifam u yerga borib kelishdan iborat emas. Biz xabarchimiz. Xalqni voqealardan xabardor etishimiz kerak. Agar bu ishni uddalay olsak, asosiy vazifani bajargan bo’lamiz, adolatsizlikning yo’lini kesamiz, o’yinlar uchun imkon qoldirmaymiz. Hozir esa vaqtdan boy berayapmiz, yolg’onning gullashiga yo’l ochayapmiz,- dedim.-E’tibor qildingiz-mi, nega mirshablarga Bojxona rahbari Urayim Abug’aniev yetakchilik qilayapti?

-Oqsoqol bu ishni unga topshirgan bo’lishlari mumkin…

-Shuning o’zi fikrlab ko’rish uchun asos emasmi?

-Oilamizda fikrlashga haqqimiz bor. Bu yerda esa oilamizning raisi Islom akamiz. U kishi xalqimizga yomonlikni ravo ko’rmaydilar. To’g’risini tanlaydilar. Biz esa aytganlarini bajarishimiz kerak. Efirni men to’xtatdim va kontsert qo’yishni aytdim. Bekordan bekorga Elbek akani ayblamang!

Erkin Hayitboevning kulgichlari doim kulib turgani uchun u xuddi masxara qilib gapirayotgandek tuyulsa-da, bu gaplarni jiddiy ohangda, samimiy aytayotgandi. O’ylanib qoldim. Yo men boshqa bir dunyodan bularning orasiga tushib qoldim yoki bular haqu men o’jarman. Hozir yana biroz tortishsak, janjallashib qolishimiz aniq, indamay qo’ysam bora-bora indamasga aylanaman. Ba’zilariga shu bilan baravar bulib o’tiramanmi, deya qo’l siltaysan, ayrimlarining oshqovoq kallalariga bir kalima ham singdirolmay xunob bo’lasan, mana bundaylar esa beton devordek gap: bosh ursang boshing yoriladi, so’zing o’zingga qaytadi, asablashib jig’i biyron bo’lasan.

-Mayli, otangiz ham oilangizning raisi ham Karimov bo’la qolsin, lekin o’q egan, qoni to’kilgan, o’n gulidan bir guli ochilmagan yoshda o’ldirilgan talaba o’g’lingiz bo’lsa-chi? Hayitboev cho’chib tushdi.

-Og’zingizdan bu gapni shamol uchirsin! Xudo saqlasin, deb gapirsangiz-chi, uka. Darvoqe, kontsertlarni bekor qilish haqidagi buyrug’ingiz ichki nizomga qarshi!

Shu payt kotiba kiz kirib, Birlik Xalq harakati tashkilotidan bir guruh kelganini va rais bilan uchrashmoqni talab qilayotganlarini aytdi.

-Men Musaev bilan reportajlarni ko’rishim kerak. Hozir Samandarov ham keladilar. Siz bu masala bilan ertalabdan buyon shug’ullanayapsiz, hamma gapdan xabardorsiz. Ular bilan uchrashsangiz. Qolaversa, o’zingizni odamlaringiz,- dedi Hayitboev kinoya bilan.

Uning kinoyasiga shiddatli bir qarash bilan javob berdim-da qabulxonaga chiqdim. Shoir Yodgor Obid bilan birga “Birlik”ning tinib-tinchimagan ayollari kelishgandi.

-Biz hukumatga motam kuni e’lon qilish taklifi bilan chiqdik. Motam qayoqda, bayram qilishayapti, – dedi u.- Bir tomonda bolalarimizni o’ldirishayapti, bir tomonda sizlar kontsert qo’yish bilan ovora.

-Motam fikringizni qo’llayman, lekin kontsert qo’yayotganimiz yo’q. Kontsert va o’yin-kulgi dasturlarini bekor qilganman. Kechqurun, Xudo xoxlasa, voqealar haqidagi reportajlarni namoyish etamiz.

-Xudo xoxlasa-mi yoki Karimov xoxlasa-mi?- zaharxanda jilmayish qildi Yodgor Obid.

Men hech narsa demadim. Rostdan ham Karimov xoxlamagan bo’lsa kerak-ki, reportajlarni ko’rsatuvdan oldin qarab chiqishga qaror qilishdi. Rais oldindan “Efirni to’xtatdim” deb aytdi.

Yodgor aka bilan birga kelgan ayollardan biri:

-Alloh madadkor bo’lsin, bu dahshatni xalqqa ko’rsating. Kontsertlarga ham chek qo’ying. Biz esa bu masalada sizga kerakli yordamni beramiz,- dedi.

Ular hukumat idoralariga ham borishganini, Talabalar shaharchasida o’q otgan qotillarga qarshi norozilik namoyishi o’tkazganlarini, bu masalani mutloq oxiriga etkazajaklarini aytib, chiqib ketdilar. Ular ketar ekanlar, keyingi hafta “Birlik” faollari ishtirokida bir bahs dasturi tayyorlashni ham kelishib oldik.

Xayriyatki, shunday insonlar bor, deb o’yladim. Agar ular ham faqat o’z o’g’il-qizlarinigina o’ylasalar va butun erklarini tepadagi bitta odamga berib qo’ysalar, ana unda olam go’riston bo’ladi. Bu ayollarning har biri oilasida ona, farzandlarining tashvishi bilan yuguradi, yana qayerdadir ishlaydi ham. Shunga qaramay adolat izlashadi. Bu adolatni o’zlari uchun izlashadi-mi? Yo’q, shu xalqim ham boshqalar kabi oydinlikda yashasin, nurga ilhaq bo’lmasin, zulm ostida ezilmasin, deyishadi. Xalqqa, Vatanga bo’lgan muhabbat yuraklarida cho’g’ga aylangan. Bu cho’g’ qalblarini yondirib turadi. Shu otashdan kuch oladilar. Ba’zilar ularni anglamaydilar. O’tganning o’rog’i, ketganning ketmoni bilan ishi bor bularning, deyishadi. Ha, ishlari bor. O’sha o’roq millatning boshini kesmasin, o’sha ketmon insonlar oyog’ining ostini kovlamasin, deyishadi. Oz bo’lsalarda, xayriyatki, ular bor.

19. ISTE’FO QISSASI

Xullas, birinchi kun Talabalar shaharchasida sodir bo’lgan qonli voqea haqida kichik bir lavha berib, “Ertaga voqealar haqida batafsil hikoya qilamiz, bu ishning ortida kimlar turganlarini fosh etamiz” degan e’lon berdik. Bu bizning katta xatoimiz bo’lgan. E’lonni eshitgan kazo-kazolar vahimaga tushishgan.

Ertasiga Karimov Talabalar shaharchasida dorilfunin domlalari bilan uchrashuv o’tkazdi. Jurnalistika fakultetining domlasi Muxtor Xudoyqulov bir necha talaba ochlik e’lon qilganini aytdi. Shu erdagi ogrugdan deputat Marat Zohidov esa so’zga chiqib, negadir kamina haqida gapirdi, TVga ishga tayinlaganim xato qaror bo’lganini aytdi. Oz qolsin Talabalar shaharchasida yuz bergan voqealarning aybdori bo’layozgandim. O’rnimdan turib gapiraman, desam, Karimov “Parvo qilmang, hozir hammaga tosh otishadi, ko’tarishimiz kerak” dedi.

Keyin Karimov Toshkent shahar faollari bilan uchrashuv o’tkazdi. Unda uch nuqta diqqatni tortdi.

Birinchisi, u nutqidan oldin, cho’ntagini kovlab ERK partiyasi raisi, saylovdagi raqibi Muhammad Solihning o’z nomiga “Sizni saylovda yutib chiqqaningiz bilan tabriklayman, xalqqa xizmat qilishingizda omad tilayman”, degan telegrammasini o’qib berdi va “Mana mard yigit shunaqa bo’ladi, mag’lubiyatni tan olish ham mardlikdir” dedi.

Ikkinchi nuqta Karimov xalqqa murojaat qilib, olti oy vaqt berilishini va “Avgustgacha hammayoqni jannat qilish”ni, agar qila olmasa “tashlab ketish”ini aytgani bo’ldi.

Uchinchisi esa, u Talabalar shaharchasidagi voqealar ortida “qora kuchlar” turganini ta’kidlab, gapni ismini aytmasada Shukrullo Mirsaidovga olib borib bog’ladi.

Bu majlisni yoritishga mas’ul bo’lgan yigitlarga ana shu, keyingi nuqta haqidagi joyni televizorda bermaslik kerakligini aytdim.

Bir payt Karimov telefon qildi:

-Siz nega tsenzura qo’ydingiz?-dedi.

-Tsenzura emas, o’zingiz “Nutqimni to’la ko’rsatmalaring!” deb aytibsiz, keyin men faqat bir nuqtasiga qarshi bo’ldim, hali tergov boshlanmasdan, hali hech narsa aniqlanmasdan darhol kimnidir ayblash kerakmikan, bizning qo’limizdagi hujjatlarga ko’ra hukumatning ba’zi odamlari bu ishda ishtirok etgan.

Karimov jim bo’lib qoldi. Birdan yushagan ohangda:

-Ko’rdingizmi, o’sha hukumatning odamlari Mirsaidovning odamlari-da. Uning dumlari. Fozilbekov ham, ana u jipiriqi Urayimjon ham… Hukumatni ulardan tozalashimiz kerak, dedi. Shuning uchun ham o’sha joyini albattta ko’rsating, xalq tushunib olsin, dedi.

Bu odamlar Mirsaidovning “qoldiqlari” emasligiga urg’u bersam ham Karimov o’z so’zida turdi. Qolaversa, u hukumatdan kimlar aralashganini so’rab ham o’tirmasdan bu odamlarning ismini aytgani ham meni qiziqtirib qoldi. U allaqachon biz tayyorlayotgan dasturdan xabar topdimi yoki bu odamlarni qurbon qilib yubormoqchi-mi?

Fozilbekov haqiqatdan ham Mirsaidovga yaqin odam edi. Ammo keyingi vaqtlarda Mirsaidovni Karimovning oyog’iga tashlashda u faollik qildi. Urayimjon Abdug’aniev esa “Karimovning o’g’li” degan laqabni olib ulgurgandi. Talabalar shaharchasidagi voqealarga ularning boshchilik qilishlari ham bejiz emas. Karimov bilan gaplashadigan gapim ko’p edi va keyingi kunlar har qancha uning qabuliga kirishga urinsam-da mashg’ulligini bahona qilishayotgandi. Hozir ham hamma gaplarimni aytishga ulgurmadim, u Eltsin telefon qilayotganini aytib gapni kesib qo’ydi.

Oradan biroz vaqt o’tib Hayitboev telefon qilib, Bosh vazir o’rinbosari Erkin Samandarov kelganini va Karimovning nutqini oldindan ko’rib chiqqani, endi esa talabalar shaharchasi voqealariga bag’ishlangan reportajni ko’rayotganini aytdi. Darhol bordim.

-Buni berolmaymiz,-dedi Erkin Samandarov.

-Nega,-dedim.

-O’zingiz hozirgina oqsoqolga hali tekshiruv boshlanmasdan, tergov boshlanmasdan oldin har qanday gaplarni bermaslik kerak, debsiz-ku?

Ularning ish usullaridan hayratlanib qoldim. Karimovning “Eltsini” kim ekanligini ham tushundim.

-Mayli u holda har ikkalasini ham qoldiramiz,-dedim.

-Prezidentning nutqi ko’rib chiqildi va hukumat o’z qarorini berdi, komissiya ham bunga qo’shildi. Uni qoldirish uchun hech kimga huquq berilmagan. Bu idora hukumatga oid va hukumatning tepasida prezident o’tiribdi. Mana bu reportaj esa xalqning manfaatlariga qarshi, tinchlikni buzuvchi, to’polon chiqaruvchi…,- dedi Erkin Samandarov. Uni rais Erkin Hayitboev va Elbek Musaev ham qo’llashdi.

Xullas, uzoq tortishdik va hech narsa qila olmasligimni bilganim uchun eshikni ularning basharasiga “urib”, chiqib ketishdan boshqa iloj qolmadi.

Karimov Talabalar shaharchasidagi voqealar yuzasidan mahalliy va chet el muxbirlari bilan uchrashadigan bo’lganini eshitib o’sha yerga yetib bordim. Bu so’nggi imkoniyat edi. Maqsadim savol berish bahonasida hamma gapni aytish va keyin anjumanni “Karimovning mahriga tushgan televideniesi”da to’la ko’rsatib, bo’layotgan voqealardan odamlarni xabardor qilish edi.

Anjumanga kechikib kelgan Karimov bezovta. Kimdir, qandaydir savol berib qolishi mumkinligidanmi yoki biror sir ochilib qolishi ehtimolidanmi, xullas bu bezovtalik nimadan ekanligini bilish qiyin.

Buning ustiga o’sha kuni Karimov taniqli jurnalist Lola Hotamovaga uylanarmish, degan gapni eshitib qoldim.

Lola Hotamova bir necha tilni biladigan, osmonni yerga, erni osmonga uradigan jurnalist. Uni radioda ishlagandan beri bilaman. O’shanda, ya’ni 1977-1980 yillarda u chet ellarga eshittirishlar beradigan bo’limda ishlar edi. Muammolarga bag’ishlangan “Tabarruk zamin” dasturim bo’lib, uni olib borish uchun Imomaliev degan akademikni topgan va yoniga bir ayol qidirayotgandim. Jurnalist Erkin Ne’matovning tavsiyasi bilan Lola Hotamovani taklif qildim. Ovozi jarangdor va yoqimli edi. Bir muddatdan keyin u turmush o’rtog’i, o’sha paytlarda dong’i chiqqan, Sharof Rashidovning eng yaqin odami deb bilingan, qariyb o’ttiz yil davomida Moliya vaziri bo’lgan Murodxo’jaevning o’g’li bilan ajrashib, Hindistonga ketib qoldi.

Shundan keyin uni 1990 yilda Navro’z marafonini o’tkazayotganimizda ko’rdim va u kelib biz bilan hamkorlik qilishni istayotganini aytdi. Dasturimizda qatnashdi.

Keyin Bosh vazir Shukrulla Mirsaidov uni matbuot kotibi etib oldi. Tez orada u ko’zga tashlandi va “Mirsaidovning o’ng qo’li” degan gaplar tarqaldi. Mirsaidov ishdan ketmasdan turib, u Karimovning nazoratiga o’tkazildi. Karimovning birovni ishdan olishdan oldin avval uning “shoxlarini kesish” odati bor edi…

Xullas, matbuot Konferentsiyasida Lola Hotamova eng oldinda o’tirgan va negadir Karimovning ko’zi doim unda. “Karimov keyingi hafta uylanarmish” degan gapni bu yerga kelayotib eshittim. Prezidentning hayajoni shundan bo’lsa kerak, deb o’yladim.

Karimov Talabalar shaharchasidagi voqealarni “qora kuchlar” uyushtirganiga va yana gapning bir uchini Mirsaidovga taqadi.

So’z olib, bo’lgan voqealarni gapirdim va Karimovdan shu narsalardan xabari bor, yo’qligini so’radim. Lekin u odatiga ko’ra javob berish o’rniga boshqa narsalar haqida to’xtaldi. Bu esa uning hamma gaplardan xabari borligni ko’rsatar edi. Konferentsiyadan keyin Karimovning yoniga borib, bunaqada ishlab bo’lmaydi, demoqchi bo’ldim. Uning yoniga yaqinlashar ekanman, Karimov Lola Hotamovani chaqirib, qo’lini uning belidan o’tkazib, unga muhim gapi bordek, qulog’iga bir narsalarni pichirlagancha, orqa eshikdan chiqib ketishdi.

Demak tarqalgan gapdan hali Karimovning ham, Lolaning ham xabari yo’q. Yoki Karimov bu mish-mishni rejali ravishda tarqatib, bu harakati bilan mish-mishni mustahkamlayotgan edi.

Shu harakatdan keyin to’y haqidagi gap hamma yoqqa tarqaldi. Lola Hotamova yomon vaziyatga tushdi. Vazirlar mahkamasidan Savdo Palatasiga ishga o’tkazildi. U erda ham ishlay olmadi. Turmushga chiqib, saroy hududidan uzoqlashib ketdi.

Televideniega kelsam, Hayitboev “Men bolalarga konferentsiyani qisqartirmasdan to’liq beringlar, deb ayttim” dedi. Xursand bo’ldim. Odamlar bo’layotgan gaplardan xabar topishadi, endi deb engil tortdim. Xonamga kirishim bilan esa Karimov telefon qildi va ruschalab shosha-pisha gapira boshladi:

-Ertalabki reysda Moskvaga uching, bugungi matbuot konferentsiyasi videosini olib boring, u erda matbuot anjumani o’tkazasiz,-dedi va telefon go’shagini qo’ydi.

Qiyin vaziyatda qoldim.

Sahargi reysda yo’lga chiqqunimcha, ketishim bilan Karimovning maslahatchisi Ziyomovdan boshlab, kotibi Kraynovga qadar ko’p odamlar qiziqa boshladilar. Hatto uchib ketishimiz oldidan ham sahar bo’lishiga qaramay Kraynov telefon qilib, hol-ahvol so’rab qo’ydi.

Moskvada u erdagi muxbirimiz Raimjon Sultonov bilan vakolatxonaga bordik. Deyarli hech gap yo’q. Faqat muxbirlarni to’plab Talabalar shaharchasi haqidagi voqealar haqida gapirib berish rejasi bor ekan. Buning uchun matbuot ishlari bilan shug’ullanuvchi Shatunovskiy degan kishini ma’sul qilib qo’yishibdi. Vaqtim bekordan bekorga o’ta boshladi. Orada bir Moskvada yashagan “Birlik”chilar kelib ketishardi. Muxbirlar ham ko’p kelmadi. Uch to’rt kishi keldi va Shatunovskiy ularni bir xonaga olib kirib, tushuntirgan bo’ldi. Qaytishni o’ylasam, u erdagilar bu haqda Toshkentdan ko’rsatma kutayapmiz, deyishdi. Ikki kunda o’n martacha Kraynovga telefon qildim. U  “Prezidentning muhim topshirig’i borligini aytib, kutib turishimni” so’rar edi. Shunda yana qandaydir o’yin bo’layotganini tushundim. Nima bo’lishi mumkin? Toshkentga telefon qilib, tanishlarimdan matbuot konferentsiyasini ko’rdingizlarmi, deb so’rasam, savolim haqida hech narsa ko’rsatilmaganini aytishdi. Darhol Hayitboevga telefon qildim:

-Matbuot konferentsiyasini to’la berishni aytgan edingiz-ku?

-Haliyam to’la berdik.

-Savolimni ko’rsatishmabdi-ku?

-Uka, meni bilasiz-ku, siz bilan birgaman. Lekin Islom akam “U o’zini propaganda qilish uchun bu ishga o’tganmi?”, deganlari uchun o’sha joyini olib qoldim. O’zingiz shu erda rahbar bo’lsangiz va o’zingizni ko’rsatish bilan ovora bo’lsangiz, gapni, onangni deb so’kishlarni esa bizlar eshitsak. “Munosabat” degan ko’rsatuvingzini ham to’xtating endi,- deb javob qildi xuddi yana “onangni..” so’kishini eshitib qolaman-mi, degan odamdek ovozi qaltiragancha…

Moskvadagilarga aytmasdan yo’lga chiqdim. Raimjon Sultonov kuzatib qo’ydi. Toshkentga kelishim bilan televideniega bordim. Kotiba qiz hovliqib kirdi;

-Yarim soat vaqt qolgan, lekin “Shahar bedarvoza emas” ko’rsatuvi yo’q. Redaktorini ham, olib boruvchisi Aziz Ernazarovni ham topolmayapmiz,-dedi.

-Har ehtimolga qarshi o’rniga boshqa narsa tayyorlab qo’yish kerak,-dedim va redaktorni yana bir qidirib ko’rishni buyurdim.

Oradan ikki daqiqa ham o’tmasdan Hayitboev telefon qildi.

-Hammasi to’g’ri chiqdi,-dedi u salom alikni ham nasiya qilib,-Bu yerda Urayimjon Abdug’aniev o’tiribdilar, Azizjon ham shu erda, ular katta jinoyatni ochganlar va siz esa xaspo’shlayotgan ekansiz…

Qonim boshimga urdi. Jahlim chiqib ketdi. Hayitboevning xonasiga kirib borsam, redaktor ham o’sha erda.

-Xayriyatki Elbek akam, buyruq berib, dasturni o’zgartirmadilar, bo’lmasa shunday katta jinoyat haqidagi material saqlab qolinar ekan,-dedi Hayitboev.

Urishib qoldik va men o’zim dasturni olib borishimni aytib studiya tomon bordim.

Jizzaxda bir necha kishi g’ayriqonuniy baliq bilan qo’lga tushgan ekan. Ulardan birining ismi Alisher ekan, Mirsaidovning ham Alisher degan jiyani bormish. Gap shu. Men studiyaga yetib kelishim bilan Hayitboev hovliqib keldi.

-”Shahar bedarvoza emas” dasturini Urayimjon akam bilan kelishib, ertaga qoldirdik, o’rniga siz aytgandek, kontsert berib turamiz,-dedi.

Uyga ketdim. Kelib televizorni qo’ysam, Urayimjon Abdug’aniev gapirmoqda:

-Biz bu dasturni juda katta qiyinchilklar bilan ekranga olib chiqdik. Erkin Hayitboev kabi odamlarning qahramonligi bo’lmasa, bu dastur qoldirilgan bo’lardi. Juda katta jinoyat fosh etilmay qolgan bo’lardi…

Ammo dastur davomida hech qanday katta jinoyat haqida gap yo’q edi. Faqat qo’lga tushgan baliqchilarning qo’shni Qozog’iston hududida ruxsatsiz ov qilib, keyin baliqini yashirincha O’zbekiston hududiga o’tkazganlari haqida gap bordi. Baliqchilar bechora odamlar ekani ko’rinib turardi.

Fitna tayyorlangani bildim va o’tirib “Fitna” degan maqola yozdim. Ertalab uni “Xalq so’zi” gazetasi bosh muharriri Ahmadjon Muxtorovga berdim.

-Ertagayoq chiqadi,-dedi u kishi.

Ammo chiqmadi. Karimovning buyrug’i bilan sahifadan olinibdi.

Shu orada prezident devonida ilgari men bilan ishlagan va endi Temur Alimov “qo’lida” bo’lgan bir tanishim kelib qoldi va muhim gap borligini aytib, bir joyga chiqib ovqatlansak, dedi.

Shahardan tashqariga chiqdik.

-Bugun Temur Alimovning xonasiga Respublika prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligidan tergovchilar chaqirilib, Talabalar shaharchasidagi qonli voqealar ortida Mirsaidov, “Birlik” va “ERK” turganini aytishdi va buni isbotlash topshirildi, prezident “qora kuchlar” deganda shularni nazarda tutgan ekan,-dedi.

Darhol Talabalar shaharchasi komissiyasining a’zosi bo’lgan Muhammad Solihga telefon qildim va “Hamid Olimjon” metro-bekatida uchrashadigan bo’ldik. Unga bo’lgan gaplarni aytdim. Qo’limdan keladigani hozircha shu edi. Qarshi tadbir olish kerakligini va keyin kerak bo’lsa, masalani sessiyada ko’tarish mumkinligini gaplashdik. Darhaqiqat, davlat komissiyasi ham darhol “Alimov rejasi” tomonga qayrildi…

Qisqa muddat hukumat tarkibida bo’lganimda, ana shunday ko’p voqealar yuz berdi va bu yerda turib hech narsa qilib bo’lmasligini to’la tushundim. Iste’fo arizasini yozib xonamdan chiqib ketayotgandim, Erkin Hayitboev, Erkin Samandarov va yana bir necha kazo-kazolar kirib kelishdi va:

-Talabalar shaharchasi voqealari haqida maxsus dastur qilmoqchimiz, “qora kuchlar”ning basharasini ochib tashlashimiz kerak, shuni gaplashsak,-deyishdi.

Men qo’limdagi bir dasta kalitni uloqtirdim xonadan chiqib ketdim.

Iste’fo arizasini ko’paytirdim-da, bir nusxasini Kraynovga, yana bir nusxasini Prezidentning kadrlar bo’yicha maslahatchisi Mavlon Umrzoqovga berdim.

Oliy kengashga kelsam, Erkin Vohidovning xonasida Muhammad Solih va yana ikki-uch kishi o’tirishgandi. Vaqt allamahal bo’lib qolganiga qaramay ularning bamaylixotir o’tirishlaridan, kimnidir kutishayotgani ma’lum edi. Salom-alikdan keyin bo’lgan voqealarni gapirib berdiim. Erkin aka bosh chayqab qo’yarkan, Muhammad Solih:

-Iste’fonomangizdan bir nusxa bering, biz gazetamizda nashr yettiramiz,- deya bir nusxasini oldi.

ISTE’FONOMA: “Toshkentning Talabalar shaharchasida ro’y bergan fojea yurtimizda oshkoralik, rostso’zlik yo’qligi, inson huquqlarini toptash hali beri barham topmasligini isbotladi. Men rahbar bo’lgan jumhuriyat televideniesidan ko’rsatuvlar olib qo’yildi. “Munosabat” rukni bilan hozirlangan maxsus ko’rsatuv ekranga chiqarilmadi. Oshkoralik uchun kurash yo’llari bekitib tashlandi. Meni iste’fo berishga undagan sabablar quyidagilardir:

1.Har qancha urinmaylik, Talabalar shaharchasidagi voqealar haqida oshkora fikr bildirilishiga yo’l berilmagani;

2.Parkent voqealari yuzasidan tuzilgan komissiyaning xulosasi sir saqlangani kabi Talabalar shaharchasidagi fojea yuzasidan ham o’sha uslub qo’llanilayotgani;

3.Yana yakkahokimlik, diktatura boshlangani. Xalqning og’ir ahvolini engillatish o’rniga faqat va’dalar berish, aldash bilan band bo’linayotgani;

4.Siyosatda barqarorlik yo’qligi, milliy birlashuv haqida tinimsiz gapirilgani holda amalda teskarisini qilib, nizo-adovat keltirilib chiqarilayotgani;

5.Kadrlarni tanlashdagi jiddiy xatolar, bu boradagi o’pirilish, rahbar kadrlarga ishonchsizlik, ularni asosan shaxsiy sadoqatiga qarab tanlash, qobiliyati, bilimi e’tiborga olinmayotgani;

6.Mahalliychilik illatining ildiziga suv quyish, odamlarni bir-biriga qarshi qo’yish kasalini davolash o’rniga uning avj oldirilayotgani;

7.Xalq taqdiri va kelajagi bilan shug’ullanish o’rniga ikr-chikirlar, quvg’inlar, inson huquqlarini toptash bilan band bo’linayotgani;

8.Muxolifatdagi partiya, harakat va uyushmalarga nisbatan minbarlardan yaxshi gap aytilib, amalda ular ta’qib qilinayotgani;

9.Xalqning ahvoli kun sayin og’irlashib borayotgani, buning oldini olish uchun aniq dastur yo’qligi.

10.Millatvakillarining erkin bahslari, bor gapni ayta olishlari uchun sharoit yaratilmagani va aksincha og’ir, nosog’lom vaziyat vujudga keltirilgani, fikrlar, takliflarga e’tibor qilinmayotgani…

Ana shu va boshqa sabablarga ko’ra, hukumat tarkibidan chiqaman hamda o’zimni unga nisbatan muxolifatda, deb hisoblayman. Hukumat tarkibida turib, bu illatlarga qarshi kurash yo’lini topmadim. Hukumat a’zolari uchun yo’llar berk va ochilmasdir…”

Bu arizamni “ERK” gazetasining birinchi sahifasiga qo’yishgan ekan. Tsenzura arizani olib qolib, sarlavhasini unutgani uchun gazeta “Televidenie rahbari iste’fo berdi” degan maqolasiz sarlavha bilan chiqdi.

20.GKCHP QAHRAMONI

1991 yilning Avgust oyiga kelib, Karimov va SSSR prezidenti Mixail Gorbachevning orasi buzilib qolgandi. Gorbachev ancha erkin fikrlaydigan odam bo’lgani uchun Karimovning qayta qurish va oshkoralik yo’liga to’siq bo’lishidan xafa edi. Ayniqsa 1989 yil oxirida O’zbekiston Oliy Kengashiga saylovlar paytida Karimovning mustaqil nomzodlarga ko’rsatgan bosqisi Gorbechevning qattiq tanqidiga yo’l ochgandi. Chunki Gorbachev saylovlar erkin o’tishi uchun juda qayg’urayotgan bir paytda Karimov O’zbekiston  rahbari bo’lganiga bir yil ham to’lmasdan saylovni qattiq nazortga olishi uning jahlini chiqargandi. Keyin O’zbekiston Oli kengashida yuz bergan voqealar ham sabab Karimovning repressiv hatti-harakati bois o’zbek xalqi Ittifoqqa ishonchini yo’qotadi, degan fikr bilan Gorbachev Karimovni keskin tanqid qilishga o’tdi.

1990 yilda Karimovni prezident qilib saylash masalasi apal-tapal sessiyaga olib chiqilar ekan, o’sha paytda uni qo’llagan va bu masalani sessiyaga olib chiqqan SSSR Xalq deputati Ahmadjon Muxtorov “Xalq so’zi” gazetasidan ishdan ketkazilib, ishsiz qolgach ko’nglini ochib shunday degandi:

-Gorbachev bizlarni (u bizlarni der ekan, Islom Karimovni O’zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining birinchi kotibligiga keltirish uchun Gorbachevga kirib talab qilgan SSSR Xalq deputatlarini nazarda tutayotgan edi-JM) chaqirib, biz Karimov nomzodini o’tkazmaganimizda gribbonimdan olgan edingizlar. Bu qip-qizil diktatorku?! Bir ikki tanqid qilgan edim, endi mendan qochib yuribdi. Uni almashtirmasak o’zbek xalqining ko’ksizga shamol tegmaydi, dedi. Men o’sha kuniyoq Islom akani topib, bunga javoban darhol prezidentlik vazifasini joriy etish kerakligini ayttim. O’shanda birinchidan, markazning ishga qo’yib ishdan olishiga qarshi bo’lgan bo’lsam, ikkinchidan Islom akani bag’ri keng odam deb bilardim. Ammo adshibman va bu nafaqat menga balki hammaga ham qimmatga tushdi. Bu odam hali ko’p hunarlar ko’rsatadi…

Gorbachev SSSR o’rnida vakolatlari kengaytirilgan jumhuriyatlar Ittifoqini tuzmoqchi edi va bu boradgi hujjat imzolanishidan oldin davlat to’ntarishi yuz berdi.

Mazkur hujjatni referendumga qo’yishganda O’zbekistonda 99,99 % odam yoqlab ovoz berdi, deyilgani ham Gorbachevning jahlini chiqargan, Karimovning o’zi bu haqda bir kuni sessiya tanffusida faollar huzurida shunday degan edi:

-U odamgarchilikni ham bilmaydi, latta. Xursand bo’ladi deb, shuncha odam yoqladi, deb o’zim telefon qilsam, rahmat deyishning o’rniga, maynavozchilik qilma, degandi, oz qolsin onasini so’kib yuborar edim.

Har holda bu voqea Gorbachevning toqatini toq qilgan oxirgisi bo’lsa kerak.

Karimov buni SSSR Oliy Sovetida yuqori palataga raislik qilayotgan Rafiq Nishonovdan deb bilardi. Gorbachev Karimovning yo’lto’sarligidan norozi bo’lsa, Karimov Nishonov uni qayrayapti, degan xulosa chiqargan. Shu bois O’zbekiston mustaqil bo’lishi bilan Nishonovning Toshkenga kelishini ta’qiqlab qo’ydi va u haqda bir qator uydirma maqolalar chiqartirdi. Shunday maqollardan birini prezident devonida ishlagan jurnalist Sharof Ubaydullaev yozgandi va uning o’zi ham keyinchalik Karimovning zug’umiga uchragani bois bir kuni parda orqasidagi haq gapni aytsa ajab emas?!

1993 yil aprelida O’zbekistondan qochib chiqib ketayotib, Almatida deputatlar zalida Rafiq Nishonovni ko’rib qoldim. U bilan ancha gaplashdik. U qanday qilib Karimovning bu ishga kelgani va o’zining unga qilgan yaxshiliklarini gapirdi. Endi Qozog’iston hududiga qadar kelib Toshkentga o’tolmaydigan bo’lib qolganini, hatto umr yo’ldoshini ham Karimov surgun etganini aytdi. O’shanda uni kuzatish uchun aeroportga Nursulton Nazarboev keldi. Nishonov meni u bilan tanishtirdi va boshimga kelganlarni qisqa qilib aytib berdi.

-Karimov tentak, ammo xitriy tentak,-dedi o’shanda Nazarboev.- U GKChPdan qolgan meros. Bugun turmada o’tirshi kerak edi. Ammo mustaqillik e’lon qilib, qutulib qoldi. U hali  O’zbekistonni barbod qiladi!…

Nazarboevning keyin boshqalarga ham “Karimov tentak” deb aytganini eshittim. Har holda bu gap Karimovning qulog’iga qadar yetib borgan-ki, hamma vaqt oralarida sovuq devor borligi sezilib turadi.

Xullas, 1991 yilning yoziga kelib, SSSR rahbarlari (Islom Karimov ham KPSS MK Siyosiy Byurosining a’zosi edi-JM) orasida Gorbachev tomonidagilar va unga qarshi jabhadagilardan iborat ikki guruh paydo bo’lgandi. Gorbachev tomonidagilar erkinlik, demokratiya desalar, ikkinchi tomon qattiqo’llik tarafdori edi.

Ana shunday vaziyatda, GKChP (Rus tilidagi “Gosudarstvenniy Komitet po Chrezvichaynomu Polojeniyu” kalimalarining bosh harflaridan olingan-JM) nomi bilan kirgan davlat to’ntarishi yuz berdi. Bu voqea 1991 yil 19 avgustida yuz berishini sanoqli odamlar, jumladan Islom Karimov ham oldindan bilgan.

Davlat to’ntarishidan ikki oy oldin Toshkentga SSSR Vitse-prezidenti Gennadiy Yanaev keldi. U O’zbekiston kommunistlarining sezdida qatnashdi. “Panorama” kinoteatrida o’tgan mazkur se’zdda Yanaev, mamlakatda intizom izdan chiqib ketgani va faqat Islom Karimov bosh bo’lgan respublikada kommunistik temir intizom saqlab qolingani, boshqa joylarda bunday tajribaga ehtiyoj mavjudligini gapirdi.

Ko’p o’tmay Bosh vazir Valentin Pavlov Toshkentga keldi. U kutilmaganda O’zbekiston Vazirlar mahkamasi majlisini chaqirib, o’zi raislik qilgani hammani hayratga soldi.

Islom Karimov davlat to’ntarishidan oldin Hindistonga keti. Hindiston matbuotida o’sha kezda bo’lgan ma’lumotga ko’ra, mazkur safar may oyiga belgilangan va Dehli tomoni turli sabablarga ko’ra tashrifni boshqa paytga surishga uringan, Toshkent tomoni safarni avgustning xuddi shu kunlariga moslashni qattiq iltimos qilgan. Bu fakt SSSR Oliy Sovetining GKChPni o’rganish komissiyasi hujjatlariga ham kirgan.

Davlat to’ntarishi yuz bergan kun Samarqandda edim. Ertalab birinchi reys bilan Toshkentga kelsam, deputatlar zalida ishlaydigan ayol:

-Yomon bo’ldi-mi yaxshi bo’ldi-mi?-deb so’radi.

-Nima?-deb ajablandim.

-Davlat siri degan joyi qolmadi, televizorlarda berayapti,-dedi u jilmayib.

Birinchi xayolimga kelgan narsa, Hindistonga ketgan Karimov halokatga uchragan bo’lsa kerak, degan gap bo’ldi. Voqeani eshitib, avval uyga keldim. Bazi hujjatlarimni olib, chiqib ketayotsam qo’shnimiz, KGB raisi G’ulom Aliev bilan qarshilashib qoldim. U kechasi bilan uxlamagani ko’zlaridan sezilib turardi. Qizargan ko’zlarini ishqalab:

-Birozdan keyin yana ishga boraman, Jahongirjon, iltimos uyga qayting, ishga chiqmang, ro’yxatda siz ham borsiz. Eshigimiz bir-biriga qarshi, qo’shnimiz, bolalaringizning ko’ziga qanday qarayman, keyin. Voqealar bir yoqli bo’lguncha uyda o’tiring,-dedi.

Uning bu gaplari samimiy ham bo’lishi mumkin. Ammo men unga ishonmas edim. Chunki u hali KGB raisining o’rinbosari ekanida O’zbekiston televideniesi uchun bir mahallada tayyorlangan uchrashuvda biz – “buzg’unchi deputatlar” haqida gapirgan va undan bu gapiga izoh talab qilgandim. Izoh bermagach, “Ozodlik” radiosidagi suhbatimda uni qattiq tandiq qilgan va KGB raisi bo’layotganda ham qarshi chiqqandim. Shu bois uning samimiyatini teskari tushunib, Oliy Kengashga keldim.

Moskvaning topshirig’i bilan Shukrullo Mirsaidov boshchiligida favqulodda qo’mita tuzilibdi, lekin qo’mita bo’layotgan voqealardan o’zini uzoqqa olgani bois KGB va Ichki Ishlar vazirligi bevosita markazning aytganlarini qilayotgandi.

Karimov Hindiston safaridan qaytayotgani haqida eshitdik.

Keyinchalik esa Islom Karimovning uchqichdan Yanaevga telegramma yo’llab, uni tabriklagani ma’lum bo’ldi. Hukumat  doirasidagi harakatlar ham shundan darak berar edi. Muxolifat quvg’inga olingan, hatto erkin qarashdagi deputatlarning orqasidan kuzatish boshlangandi. Shundagina Samarqanddan sahar chiqqanimda uyimiz yonida ikki tomonda turgan ikki engil mashina haqida esladim.

Moskvada esa demokratlar davlat to’ntarishiga qarshi chiqandilar. Bizning qo’mitamizda a’zo bo’lgan deputat Raimjon Sultonov namoyishga chiqqanlar huzuriga uyidagi ikkita qovunni olib borgani Yanaevchilarga o’zbeklardan ham qarshilar bor, degan xabarga asos bo’lgandi.

Biz ham Oliy Majlisda ishlaydigan bir guruh deputatlar Rossiya Parlamenti oldida namoyish qilayotganlarga telegramma yo’llab, demokratiyani qo’llashimizni bildirdik.

Karimov Hindistondan qaytgandan keyin ham uch kunga qadar Moskvada bo’layotgan voqealarga munosabat bildirmadi.

Moskvada hamma narsani Eltsin qo’lga oldi, Gorbachev dam olishdagi “asir”likdan qutqazildi, davlat to’ntarishi fitnasi va ortidagi sirlari fosh bo’ldi.

Shundan so’nggina O’zbekiston hukumat binosida bir majlis bo’ldi. Lekin u erda ham gap munosabat haqida emas, intizom haqida bordi.

Xunobi oshgan deputat Karim Bahriev:

-Butun dunyo GKChPga munosabatini bildirdi, boshqa respublikalar ham o’z qarashlarini aytdilar, biz esa qo’llashimizini ham, qoralashimzini ham aytmadik, munosabatimizni bildiraylik!-degan bo’lsa, yozuvchi Primqul Qodirov:

-Islom akamning iste’dodlari tufayli biz eson omonmiz. Mana o’rtoq Yanaev Toshkentga kelganlarida u kishini alohida maqtab ketgandilar. Hozir vaziyat qilichning damida yurgan kabi. Ozgina xato qilindimi, og’ib ketish mumkin,-deya hali ham Yanaevni himoya qilgandi.

Islom Karimov hali kutish kerakligini uqtirar ekan, masalani joylarda intizomni saqlashga chaqirish bilan “yopdi”.

Keyin SSSR Oliy Sovetida davlat to’ntarishi masalasida komissiya tuzilganda fitnada Islom Karimovning ishtiroki ham qayd etildi. Bir yil avval mustaqillikka qarshi chiqqan Islom Karimov favqulodda sessiya chaqirtirib, 1991 yilning 31 avgustida Mustaqillik haqidagi qonun loyihasini e’lon qildi.

SSSR Oliy Sovetining deputati, yuqoridagi davlat to’ntarishi yuzasidan tuzilgan komissiya a’zosi Po’lat Oxunov Karimovning GKChP faollaridan bir ekanligini, bu borada hujjatlar mavjudligini aytib chiqdi. Lekin mustaqillik Karimovning joniga ora kirdi. Po’lat Oxunovni esa Karimov hibsga tiqdi.

2000 yilning 18 avgustida “Amerika ovozi” radiosiga bergan suhbatida Po’lat Oxunov bu haqda shunday degan edi:

-Davlat to’ntarishi qilganlar qamoqqa kirdilar. Karimov Yanaev va Pavlovlarni bu ishga ilhomlantirgan odam ekanligi aniqilansada u chetda qoldi. Qamoqqa kirganlar ko’p o’tmay chiqdilar, balki Karimov ham o’shanda qamalganda oradan ko’p o’tmay chiqqan bo’lardi. Lekin masalaning bugun uchun juda qimmatli bo’lgan ma’naviy jihati bor. SSSRni saqlab qolish uchun davlat to’natarishining me’morlaridan biri bo’lgan odam bugun mustaqillik qahramoni deb ulug’lanayogani kishini o’ylantiradi.

Masalaning yana bir ma’naviy tomoni bor. Bu esa Karimov o’zining GKChPdagi ishtirokini to’laligicha Mirsaidovning bo’yniga qo’yib yuborganidir. Mirsaidovning o’sha kezda respublikada ikkinchi odam ekanligini hisobga olgan taqdirimizda Karimov bu harakati bilan o’zi boshida turgan O’zbekiston ham GKChPda ishtirok etganini tan olib qo’ygandi va bu bilan “bu ishning ichida bor edim” deganini o’zi ham bilmay qolgandi.

“Xalq so’zi” gazetasining 1992 yil 21 aprel sonida “Topponcha”ga javob” sarlavhali maqolam bosilib chiqqan kun Karimov meni devonga chaqirtirdi. U maqolani Bosh vazir o’rinbosari Ismoil Jo’rabekov bilan tushga qadar arang o’qib bo’lib, menga:

-Qo’lni tashlang, o’g’il bola ekansiz-ku! Man shunaqa qilib yozish kerak!- dedi.

Keyin u stolining ustida turgan bir varaqli qog’ozni uzatdi. O’qisam MXXning hisoboti ekan, unda maqolam hali tong otmasdan shov-shuv bo’lib ketgani, radioda ham boshqa gazetalarning sharhi o’rniga shu maqola o’qilgani, ba’zi joylarda odamlar gazetani 300 so’mga qadar sotib olishgani, deputat Samandar Qo’qonov nashriyotdan qo’shimcha 5 mingta bostirib olib, o’zi rahbar bo’lgan ishxonada va Chinozdagi saylovchilariga tarqatgani kabi faktlar aytilgan edi.

Karimov o’qib bo’lishimni ham kutmasdan, maqolada xalq maqollarini ko’p ishlatganim va bu unga juda yoqqanini aytdi. Keyin qo’limga hukumatning bir qarorini berdi. Unda kaminani “O’zbekiston teleradikompaniyasi raisining birinchi o’rinbosari etib tayinlansin” degan gap yozilgandi.

-Faqat chislosi qo’yilmagan,- deb u boshqa bir farmon loyisini ham uzatdi. Unda esa meni mazkur kompaniyaga rais etib tayinlash yozilgandi.

-Olti kun birinchi o’rinbosar bo’lib ishlaysiz va ana u  latta Hayitboening orqasiga tepib yuborib, joyiga o’tasiz. Ammo ungacha qiladigan ishlarimiz bor. Mana siz oshkoralikni sevadigan yigitsiz. Haqiqatni himoya qilasiz. Mana bu papkadagi hujjatlar bilan o’zingiz tanishib chiqing va o’zingiz xulosa qiling. Yozadigan maqolangiz bugungisidek zo’r bo’lishi kerak,- dedi Karimov jiddiy ohangda.

U seyfdan ustida “Sh.R.Mirsaidov” deb yozilgan semiz papkani olib  berdi.

-Uning o’zi bilan ham uchrashib gaplashishim mumkin-mi?-dedim papkadagi hujjatlarni varaqlar ekanman. Karimovning chehrasi xiralashdi. Lekin beparvo ohangda:

-Albatta, lekin u ham bularga qarshi bir narsalar tayyorlab qo’ygan bo’lishi mumkin, juda tullak odam, ehtiyot bo’ling, sotib olishga urinib, oyoqning ostidan urib yuboradi. Modomiki uchrashar ekansiz, mana sizga ikkinchi papka. Bu ikkinchi maqolaga masalliq,- dedi.

U endi ustiga “D. Mirsaidova” deb yozilgan papkani uzatdi.

Papkalarda asosan Mirsaidovning Xitoyga va Rossiyaga rasmiy safarlari va bu safarlarda sotib olgan narsalari haqida yozilgandi. Hatto uning xotini Urumchiga borganda marvarid sotib olgan, qaytib kelgandan keyin uni kimgadir sotgan deya soqchilarning tushuntirish xatlari ham qo’shilgan.  Moskva safarida esa hay’at tarkibida men ham bor edim. Eltsin muzokaralardan keyin hammamizga, (kimga video kasseta, kimga vaza va hokazo-JM) jumladan Mirsaidovga ham hadya bergandi. Bu protokol talabi edi. Ammo u hadyani olib kelib xazinaga topshirmagan, deb ayb qo’yilgan.  Bunday tartib faqat mamlakat rahbarlari uchun belgilangan bo’lib, bu O’zbekistonda umuman qoidaga kirmagandi.

Dilbar Mirsaidova rahbar bo’lgan Savdo palatasini tekshirib chiqqan revizorlarning bir-biriga zid xulosalari ham ko’p savol uyg’otardi.  Xullas, hujjatlarni o’rganib chiqib, savollarni tayyorlab Mirsaidov  va umr yo’ldoshi bilan uchrashish uchun ularning uyiga bordim.

Haqiqatan ham ikkita papka tayyorlab qo’ygan ekanlar. Ular endi Karimovning bevosita topshirig’i bilan uyushtirilgan bo’hton haqida hujjat to’plashgandi.

Har ikki papkada ham qandaydir to’g’ri gaplar bilan qandaydir uydirmalar ham bor edi.

Xullas, qo’limda ikkita bir-birini to’la inkor etadigan hujjatlar paydo bo’ldi. Har ikkalasini ham fel’etonga sig’dirib, xulosa chiqarishni o’quvchiga havol qildim. 16 sahifalik fel’etoni olib borib Mavlon Umrzoqovga berdim va:

-Oshkoralik bo’ladigan bo’lsa mana oshkoralik. Lekin hukumatning meni ishga tayinlash haqidagi qarori va Prezident Farmoni chislosiz, havoda qoladigan bo’ldi,-dedim jilmayib.

Chunki yozganim Karimovga mutlaqo yoqmasligini bilardim va vijdonimga qarshi borib uning istagi bo’yicha ham yozolmasdim. Har ikki tomonning ayblarini ochiq ko’rsatishga intildim. Yozganim matbuotda chiqmasligini oldindan bilsam-da tarix uchun deya olib borib berdim va bir kuni biror arxivdan chiqib qolsa ajab emas?!

Mavlon aka o’qib ko’rib, bir necha kun Karimovga berishga jur’at eta olmabdi, bir kuni menga katta imkoniyat qo’limdan chiqayotganini eslatdi va elka qisishimdan keyingina Karimovga olib chiqib berdi.

Oradan ko’p o’tmay, devonda ishga olingan qalami o’tkir jurnalist Sharof Ubaydullaevning ketma-ket fel’etonlari chiqdi. Lekin keyinchalik u yuqorida ta’kidlaganimdek, “yaxshiligiga” javoban zug’umga uchradi. Uning jurnalistika borasidagi talanti, iste’dodi xuddi Ahmadjon Muxtorovniki kabi Karimov tomonidan kamsitildi…

“GKChPdan chiqqan “qahramon”..

Sharof Ubaydullaevning Mirsaidov haqidagi fe’letoniga ana shunday sarlavha berilgan edi. Mirsaidov Toshkent shahar ijroiya qo’mitasi raisi bo’lganda Sharof Ubaydullalev “Toshknet oqshomi” gazetasiga rahbar bo’lgan va birga ishlashgan. U o’zining ishdan ketishida va rashidovchilarga qarshi kampaniyada Mirsaidovning qo’li bor deb hisoblardi. Bu tomoni menga qorong’u.

Lekin bugun bizga masalaning Karimov bilan bog’liq ma’naviy jihati juda muhimdir. Gap shundaki, Mirsaidov GKChPning “qahramoni”ga aylantirilishi bilan Karimovning bu boradagi “qahramon”ligi xaspo’shlanib ketdi.

21. KUCH ADOLATDAMI,  ADOLAT KUCHDAMI?

1991 yil…

Bir kuni Vazirlar mahkamasining birinchi qavatidagi kichik zalda tashabbuskor deputatlar tomonidan ilgari surilgan “Maoshlarni indeksatsiya qilish”, ya’ni maoshlarning inflyatsiyaga qarab avtomatik tarzda oshib borishini qonunlashtirib qo’yish haqidagi loyiha muhokamasiga unga qarshi bo’lgani uchun Karimovning o’zi keldi va qanday savol bo’lsa javob berishini aytdi. Ammo savollarga o’tirganlarni bepisand qilgan tarzda, asabiy ohangda javob bera boshladi. Bu uning “Sizlarning iqtisoddan nima xabarlaringiz bor!” deganday deputatlarni kamsitish tutumi edi.

Karimov bu masalaga qarshi bo’lgani keyinchalik bilindi. U narxlar oshishidan ham o’ziga foyda yo’lini topdi. Narxlar oshishi haqidagi qaror bosh vazirga  imzolatilsa,  ortidan maoshlarni oshirish Farmoniga o’zi qo’l qo’yadigan bo’ldi. Vaholanki, biz buni dunyodagi juda ko’p mamlakatlarda bo’lgani kabi qonuniy yo’lga qo’ymoqchi edik.

Oldinroq bir savoli uchun kamsitilgan Toyiba To’laganovaning talabini himoya qilib, Karimov bilan biroz tortishgan edim va uning bu gapidan keyin yana so’z so’ramay tura olmadim.

-Masalani soddalashtiradigan bo’lsak, hovlingizning to’rida qurilish qilmoqdasiz, mehmonxona. Uyda g’isht, yog’ va non tamom bo’lgan. Tushlikda “Ochqoldim” deb dod soldingiz. Xotiningiz qo’lida pul yo’qligini aytdi. Chunki siz sandiqdagi pul faqat qurilishga deb ajratib qo’ygan edingiz. Nima qilasiz, ochlikka chidaysiz-mi? Axir bugun mamlakat bo’ylab kerakli, zarur qurilishlar, masalan ishlab chiqarish korxonalari emas, asosan ma’muruy binolar qurilmoqda. Shunday ekan siz keltirgan sabab loyihani qoldirishga asos bo’lolmaydi,-dedim .

Karimov qizarib ketdi va jahlini yashirishga har qancha urinmasin baribir baland ovozda gapira boshladi:

-Siz samarqandlik bo’la turib shunday deyishingizga hayronman. Temurlang dunyodagi eng katta diktator bo’lgan. Ammo bugun u qurgan binolar tufayli Samarqand dunyoga mashhur, uning o’zi ham. Uning kalladan minora qurganini emas, balki Samarqandda loydan qurgan minoralariga oshiq hamma. Biz qornimizni emas, kelajakni o’ylashimiz kerak…

Qaytib joyimga o’tirmasdan Karimovning gapini eshitib turganim uning asabiga tegdi va “Yana nima demoqchisiz?” degandek gapini to’xtatib menga qaradi.

-Birinchidan,- dedim,- siz ham samarqandlik va o’sha minoralarning yonida kattta bo’lgansiz. Ularni boshqalar qurishgan. Samarqandda Amir Temur qurdirgan bitta maqbaradan boshqa deyarli ko’zga tashlanadigan bino qolmagan. Lekin Samarqandni dunyoga mashhur qilgan narsa Temuriylar davrida madaniyat va san’atning rivojlanganidir. Biz bugun madaniyat va san’atni faqat ma’muriy binolar qurish, deb bilayotgan bo’lsak, katta xato qilgan bo’lamiz.

Ikkinchidan esa, Temurlang deb uni kamsitish uchun aytishgan.

Karimov cho’ntagini kovlab, kichik daftarchani oldi. U turli ihtiboslarni pala-partish yozib yurar ekan, shu damda keraklisini topa olmadi:

-Hozir topolmadim, lekin yozib qo’ygandim, Temurlang… kechirasiz Amir Temurning o’zi “Bizga baho berish uchun biz qurdirgan hashamatli binolarga nazar soling” degan,-dediyu bir zum boshini egib o’ylanib qoldi.

U qachon o’zbekchada tortishuvga kirsa, mantiqli javob topolmasdan yutqazishini bilardi.

Shu topda uning bu gapiga ham javobim tayyorligini bilgani uchun ham boshini ko’tarmay, aslida gapimda jon borligini ta’kidlab, mavzuni boshqa tomonga burib yubordi.

Ammo mana shu qisqa savol-javobning o’zi uning ko’nglida nima yotganini yaqqol ko’rsatib bergandi.

Shu bois oradan bir yil ham u o’tmay o’zini “Amir Temurning davomchisi” degan siyosatni boshlatdi.  Bu eng avvalo uning nutqlarida va gazetalardagi maxsus yozdirilgan maqolalarda ko’rina boshladi.

Matbuotda Islom Karimovni Amir Temurga tenglashtirib yozish musobaqaga aylandi.

Tarixga, millatga, o’z-o’ziga haqorat  kundan kunga «gullab ketdi».

1994 yilda quvg’inda, Bakuda Amir Temurning tuzuklarini takror o’qidim. Undagi 12 qoida  bilan Islom Karimov faoliyatini solishtirishga urindim. Tuzuklarda keltirilgan sifatlarning qaysi biri Islom Karimovda bor degan savolga javob qidirdim.

Amir Temur: Birinchi. Men sifatlarimning avvali deb beg’arazlikni tushundim…       

Yuzlab va hatto minglab misollardan faqat bittasi. Yyettinchi sessiyada (1991 yil kuzida) deputatlardan bir guruhi Islom Karimovning kamchiliklarini betiga aytishdi. U qo’lini ko’ksiga qo’yib «Hammasi to’g’ri, tan olaman, imkon beringlar tuzataman» deb ont ichdi. Vaholanki, undan qasam ichish talab qilinmagandi.

Xo’sh, oradan bir yil ham kechmay nima yuz berdi? O’sha yyettinchi sessiyada so’zga chiqqan deputatlarni «xalq vakillikdan chaqirib ola boshladi». Qarang, xalqimiz qanchalik “faol”!

Saylov joylariga sanoqli odamlar kelib, qog’ozda esa butun xalq «ovoz berdi». Quvg’in ustiga quvg’in boshlandi. G’araz iloni chaqmagan joy qolmadi. Yyettinchi sessiya qahramonlari Hamza Eshnazarov, Rinat Burxonov, Alijon Qo’chqorov, Otajon Polvonov, Oygul Mamatova, Toyiba To’laganova, Baxtiyor Qodirov va boshqalar Oliy Kengashdagi ishlaridan chetlatildilar. Kimdir bo’shatildi, kimdir qisqartirishga tushdi, kimdir quvildi. Xalk deputatlari Murod Jo’raev, Inomjon Tursunov, Shovrux Ro’zimurodov kabilarning qismati nima bo’ldi? Ular millatning guli edilar. Karimov «qilichi» bu gullarni kesib tashladi.

Ajoyib qalamkash, dramaturg Inomjon Tursunov Karimovdan boshqacha fikrlagani uchun hibsga olindi. Murod Jo’raev ham jinoyatchi deb topildi va hokazo. G’araz asosiy fazilatga aylandi. Har kun, har soatda kimdir g’araz yo’lida qurbon bo’ldi.

Amir Temur: Ikkinchi. Men har doim Islomga qat’iy rioya qilardim.    

Islom Karimov doim Islomga qulluk qiladi. So’zda. Kalomini «Insholloh»dan boshlab «Insholloh» bilan tugatadi. Qo’lini kalamulloga qo’yib qasam ichgani hali yodimizda. Ammo Hollandiyaga borganda «Bizda Islom xavfi bor, shu bois qattiqqo’lman» degan ham u. Misrga borib esa Al-Ahzar dorilfununining ilohiyot borasidagi yuksak xizmat uchun beriladigan unvonni olib qaytgan ham u.

Tojikistonda ozodlik istaganlardan qo’rqib dunyoga jar soldi: «Islomparastlar, dinparastlar odamlarning boshini kesishmoqda!».

Makkaga borib qaytganda esa katta majlislarda «Men Xudoning uyiga borib keldim, hojiman, bilib qo’yinglar» dedi.

Bir tarafda xalqni Qurbon hayiti bilan tabriklab, ikkinchi tarafda madrasalar, machitlardan odamlarni quvishga amr berdi. “Musulmonman” degan zot uchun bu dunyo zulmatga aylandi.

Din arboblari qatag’onga uchradilar. E’tiqod, iymon, ishonch, diyonatni asragan, avaylagan kishilar xavfli shayton, tilyog’lamachilik, aldov, kazzoblik, manfaatparastlik, rishvatxo’rlik qullari esa rahmon bo’lib ko’rindilar.

Amir Temur: Uchinchi. Men kambag’allarga ko’p xayru ehson qildim, va muammoni diqqat bilan tekshirdim, va uni mumkin qadar to’g’ri hal qilishga butun jahdimni sarfladim.     

Islom Karimov ulug’ jahongirga sodiq yo’l tutishni istadi. Muallimlarga tekin uy-joy berish, yolg’iz qariyalarga imtiyozlar, urush nogironlariga mashinalar tarqatish kabi farmonlarni eslang. Oylab, yillab bu «dono» farmonlar targ’ib qilindi. Amalda esa muallimlar tekin uy-joy olishgani uchun o’zgalardan yetti marta ko’p ijara puli to’lashga giriftor qilindilar.

Yolg’iz qariyalar… Millat ichida yolg’iz qariya yo’q edi. Ular farzandlari bilan yashardilar. Bu farmon rus tilli xalqlar vakillari himoyasi uchun yaratilgandi.

Urush nogironlarining mashina olish uch o’n millionlari topilmadi. Darvoqe, kambag’allarga «er berildi».

Avvaldan qurilish materiallari jamg’arilmagani uchun bu borada qimmatchilik yuz berdi, taqchillik boshlandi. Keyin yana yer tortib olindi. Bu el-ulusga ayon haqiqat…

Parkentda o’ldirilgan yigitlar ruhi hamon osmonimizda chinqirmoqda.

Farg’onada shahidlar haqorat qilindilar.

Andijonda may kunlari hibsxonalarda yigitlar qiynoqqa solindilar.

Namanganda askarlar tinch aholini qirg’in-barot etdilar.

Dindorlarga qotil tamg’asi bosildi.

Samarqanda mitinga chiqqan yigitlar savalandilar, qamoqqa olindilar.

Qashqadaryoda tahqir bosh tutdi.

Toshkent talabalar shaharchasida adolat istaganlar otildilar…

Mojarolarni «hal qilishda» «qassob»likni eriga etkazgan Temur Alimov, G’ulom Aliev, Buritosh Mustafoyev, Zokir Almatov, Alisher Mardiev, Ismoil Jo’rabekov, Mavlon Umurzoqov va boshqa «milliy qahramon»larning boshi vaqti-vaqti bilan silab turildi.

Bu “Amir Temur davomchisi”ning sodiq «lashkarboshi»lariga muhabbati ramzi edi.

Kundaga qo’yish uchun silangan boshlar.

Amur Temur: To’rtinchi. Xaloyiqqa rahm qildim, barchaga na’f etkurdim. Bunda birovga nohaq ozor etkazmadim va mendan yordam so’rab kelganlarning ko’kragidan itarmadim…         

Rahm-shafqat… Ne-ne onalar o’g’illari Karimovga muxolif bo’lgani uchun iztirobga cho’ktirildi.

Ne-ne bolalar otasi muxolifatda bo’lgani uchun etim qoldilar.

“O’lgan onalarimiz, tirik bo’lib ruhan o’lgan otalarimiz… Qarindosh-urug’larimizda ne ayb?”- deganlar qancha!

Birgina taniqli va ist’edodli jurnalist Ahmadjon Muxtorovning Karimovga shavqat so’rab yozgan o’ndan ziyod xatidan xabardorman. Bunga javoban u «Hali bu kam, uning onasini…» deya haqorat qilganini ham ko’pchilik biladi.

Jizzax viloyatidan kelgan oqsoqollar hokimning g’aroyib qiliqlaridan nolishdi. «Bu qurumsoq chollarni fel’eton qilish zarur» dedi Prezident. Shunday qilindi.

«Ravil, qariya Qudrat Axmedovni infarktgacha olib bor, bilding-mi?»

«Ravil, ana u qo’qonlik danakchi Yusufni emaklat, hamma ko’rsin!»

«Ravil,…»

Har kuni kotibiyat boshlig’i Ravil Abduqodirov xonasidagi apparatdan Prezidentning g’azabli topshiriqlari, ya’ni rahm-shavqati «taralardi». Hech vaqt o’tmay u bot-bot ijrosini surishtirardi.

Amir Temur: Beshinchi. Islomga taaluqdi ishlarni men har doim kundalik va dunyoviy ishlardan ustun qo’yib keldim…         

Karimov ham islomga taaluqli ishlar bilan doim shug’ullandi. Islom davlati qurdi. Machit va madrasalarga qatnovchilar kuzatuv, ta’qib ostiga olindilar. Oddiy xatmi Qur’on majlisidan Makkai mukarramadagi yig’inlargacha ayg’oqchi qo’yildi.

Dindorlar Tojikistonda nohaq qamalgan birodarlarini yoqlab yetti so’zli shoshilinchnoma yuborishsa, Islom Karimov uch oy matbuotni, oynaijahonni ularga qarshi «sayratdi».

Mabodo Makkai mukarramadagi yig’inlarda unga qarshi bir so’z aytilsa bormi… kaz-kazolarning «ovozi o’chardi».

Ayniqsa, diniy idoraning moliyaviy ahvoli unga tinchlik bermasdi. Dahshatli imperiya davrida, ateizm «gullagan» paytda ham huquq tartibot xodimlari bu idoraga bostirib kirishmagan. Lekin Karimov u erdagi har qog’ozni o’zi ko’rgisi va undan dushman barmoqlari izini topgisi kelardi. Bosh prokuror Bo’ritosh Mustafoyev esa bu yerda jinoyatchilik ildiz otgani haqida matbuotga jar soldi.

Demak, Karimov islomga emas, Islomga(o’ziga) sodiqlikni istadi, Tangri yo’lida sodiqlik ko’rsatganlarni o’ziga bo’ysundirish uchun qo’rquv, tahlika olovini sochardi.

Vaqti-vaqti bilan madrasalar, machitlardan xayri-ehson hisobiga kelgan audio va video apparatlarni tortib olardi. Ularning «tili»dan hadiksirardi.

Saudiya Arabistondan kelgan o’zbek machitlardan birida va’z aytib, bu yerdagi xalq og’ir kun kechirayotganini ta’kidlagani bois 24 soat ichida mazkur mamlakatdan kelgan barcha mehmonlarni quvib chiqardi. Hatto ularning elchixonalari yopib qo’yilgani ham sir emas.

Diniy idoralarga o’ziga sodiq kishilarni «saylab» qo’yish ham uning doimiy ishlaridan biriga aylandi. Bu bilan u islomiy ekstremizmga zamin hozirladi.

Amir Temur: Oltinchi. Barcha so’zlarimda doimo haqiqatgo’ylikka rioya qildim.       

Islom Karimovning “haqiqatgo’yligi” u taxtga kelgan ilk kundanoq boshlandi… «Matbuot erkin bo’ladi» deb bot-bot aytdi. Ommaviy axborot vositalari haqidagi qonunning «O’zbekistonda tsenzura bekor qilinadi» degan bosh jumlasini ro’kach qildi. Amalda har bir gazeta «boshi»ga to’rt-beshtadan soqchi qo’ydi. Yuragidagi gapini yozgan qalamkashlarni ozodlik, mustaqillik dushmani deb e’lon qildi. «Erk», «Birlik»ning gazetalari ta’qibga uchradi.

Katta minbardan turib, “O’zbekiston gullaydi”, dedi. Amalda xazon bo’ldi bu yurt. «Pulingizni omonat kassasiga qo’ying, bo’lmasa kuyib qolasiz» dedi. Xalq haftalab omonat kassalari eshigida sarg’aydi. Pul qo’yganlar xoni-moni kuygan kishilarga, millionlar esa tiyinlarga aylanib qoldi.

“Sharof Rashidov masalasida eng oliy haqiqatni men aytaman”, deb minbarga ko’tarildi. Biroq Sharof Rashidovni qoralash, go’rba-go’r qilish haqidagi hujjatlarda o’zining imzosi ham borligini unutdi.

“Mamlakatda hamma o’z ona tilida so’zlaydi, o’zbek tili davlat tilidir”, deb takrorladi. O’zi esa o’zbek tilidagi hujjatlarni chetga surib, rus tilidagilarni o’qish odatini tark etmadi.

Parkent voqealari, Farg’ona fojeasi munosabati bilan tuzilgan komissiyalar haqiqatni oydinlashtirganlarida Islom Karimov bu hujjatlarni g’aladonning «mulki»ga aylantirdi.

Haqiqatgo’ylarni qatag’on qildirdi, aldov ustalarini atrofiga jamladi.

Yolg’on, yolg’on va yolg’on uning siyosiy quroli bo’ldi.

Amir Temur: Yettinchi. Men har kimga va’da bersam, unga vafo qildim.        

Islom Karimovning va’dalari cheksiz, «O’zbekistonni olti oyda jannatga aylantiraman» deb va’da berdi.

Olti oydan so’ng xalq jahannamga ro’baro’ keldi.

«O’zbekistonda ko’ppartiyaviylik sharoitini yarataman» dedi. Erk demokratik partiyasi yo’q qilindi. “Ozod dehqonlar”, «Birlik» va boshqa ko’plab partiyalarni to’lg’ogida bug’di.

«O’zbekistonda hurfikrlilik yo’lini ochaman» dedi. Ammo bir fikrlilik, faqat Islom Karimovni maqtash yo’li ochildi. Fikri borlarning boshi yorildi. Ular tuhmat, bo’hton bilan qoralandilar.

«O’zbekistonda qishloqda yashovchilarni badavlat qilaman» dedi. Qishloqda yashovchilar bir burda nonga zor bo’ldilar.

«Bolalar paxta dalalariga olib chiqilmaydi» dedi. Maktablar yopildi. Oliy o’quv dargohlari butun kuz davomida faoliyatdan to’xtadi. Qahraton kunlarda ham bolalar och-nochor paxtazorda ishlatildi.

«O’zbekistonda demokratiya o’rnatiladi» dedi. Ammo yakkahokimlik, zo’ravonlik o’rnatildi.

«Turkiya yo’lidan boramiz» dedi. Oy o’tmay Xitoy, Shimoliy Koreya yo’liga o’tildi. Russiyani ayovsiz qoraladi. Amalda Russiyaning etagidan ajralmadi.

Hali O’zbekistonda biror kishi Islom Karimov falon va’dasining ustidan chiqdi, deb aytolmaydi. Hatto uning atrofida parvona bo’lganlar ham.

Amir Temur: Sakkizinchi: Doimo o’zimni Allohning erdagi mulkiga posbon, deb bildim.      

Islom Karimov o’zini Allohning erdagi mulkiga mutloq sohib deb bildi. Istasa, yurt tillolarini Shvetsariyaga,            Angliya, Farangistonga olib borib qo’ydi. Istasa o’zbek tillolaridan yasalgan buyumlarni, tillo simli to’nlarni dunyo mamlakatlari bo’ylab sochib yubordi. Muxolifatdagilarning shaxsiy uylarini tortib oldi. Hatto odamlarni ham shaxsiy mulkim, deb bildi. O’zbekistonda qatag’on qilingach, bosh olib chiqib ketganlarni tutib keltira boshladi. Istasa urdi, istasa o’ldirdi.

Karimov zulmidan Vatandan ketib qolish an’anasi bo’lmagan yurtda “vatansizlik” oqimi boshlandi. Ming-ming odamlar O’zbekistonni tark eta boshladilar.

Turkiston ozodligi uchun ruslarga qarshi kurashgan etuk tarixchi Boymirza Hayit o’zi tug’ilib o’sgan Vataniga yarim asrdan keyin qaytishi bilanoq O’zbekistondan quvib chiqarildi.

Ozodlik yo’lida umrini ayamagan Vali Qayumxon yurtiga kelolmay xorijda jon berdi.

Butun tariximiz ko’zgusi arxeologik qazilma boyliklari Rossiyada qoldi.

Paxta arzon narxlarda tashib ketildi.

Qurolli kuchlarga tegishli barcha texnika Rossiya hisobiga o’tkazildi.

O’g’rilik, poraxo’rlik avj oldi. Prezident tayinlagan hokimlar xalqni ayovsiz taladilar. Samarqandda Po’lat Abdurahmonov, Termezda Hakim Berdiev, Buxoroda Damir Yodgorov, Xorazmda Marks Jumaniyozov, Toshkentda Adham Fozilbekov va boshqa o’nlab hokimu hokimchalar uning posponligida zug’umni qurol qilib, xalq boshini yanchdilar. U jallodlarni tayinlashda maqtab, ishdan olishda qoralab tez-tez yangilab turdi…

Amir Temur: To’qqizinchi: Nopok ishlardan butun vujudim bilan o’zimni tiydim.     

Islom Karimovning eng sevgan mashg’uloti atrofidagi odamlarni bir-biriga dushman qilib qo’yishdir.

Vaqtining ko’p qismini ig’vo, «dedi-dedi»ga sarfladi..

U nopok yo’llar bilan odamlarni badnom qilishning ustasi edi. Ayni paytda u maqtovga mahliyo bo’ldi. Prezidentning bunday yo’lga oshuftaligini sezganlar u haqda madhiyanomalar yoza boshladilar. Anvar Jo’raboev «Arbobning kashf etilishi» «asarini» yozib «Xalq so’zi»ga muharrir bo’ldi, Murod Muhammad Do’st «Turkiyadan Turkiyaga» madhiyanomasini bitib unga matbuot kotib, Shavkat Yahyoev «O’zbekiston prezidentini jahon tan oldi»  degan «dostoni»ni yozib Teleradiokompaniyaga rais, Odil Yoqubov «Havo yo’lida bir soat» «asari»ni unga bag’ishlab Atamalar qo’mitasi raisi, Jamol Kamol «Mustaqillik boyligi» turkum maqolalarini e’lon etib Yozuvchilar soyuzi raisi… va hokazo va hokazo. Bu an’anaga aylandi.  Bugun karvonning na boshi na oxiri, na tuyasi na ko’ppagi bor.

Har bir yig’in, voqea oldidan o’nlab kishilarni mansab, unvonlar bilan “tinchitib” turish ham Karimovning sevgan ishlaridan.

Uning xalq orasida latifaga aylangan so’kishlari ham ko’p narsalardan darak beradi. Atrofidagi rahbarlarni «onangni…» deb haqoratlashi, tepishi, tahqirlashi na qozonda va na cho’michda turadi.

Nopoklik kun sayin, soat sayin yoyilib bordi. Bu xastalik – davosi yo’q xastalikka duchor bo’lganlar, bo’layotganlarning sanog’iga birov etsa etardi, lekin ko’pchilik etmasdi…

Amir Temur: O’ninchi: Men iymon bilan qudrat bir onadan tug’ilgan, deb ishonganman.    

Islom Karimov iymonni emas, kuchni yaxshi tushunadi. U qudratni muhofaza va hujum deb biladi. Minglab chiniqqan yigitlardan o’ziga qo’riqchi tanladi. Ammo oralarida o’zbek yo’q. Hammayoqni tintadigan bo’ldi. Hatto Oliy Kengash majlislariga deputatlarni tintuvdan so’ng kirgizdi. Uning huzuriga belgilangan 5-10 kishidan boshqa hech kim kirolmaydi. Xalq bilan uchrashmay, ko’rishmay qo’ydi.

O’zi ishlagan va yashagan binolarni temir panjaralar bilan o’rab oldi. Lazer nurlari bilan qo’riqxona yaratdi.

Xavfsizlik qo’mitasidan siyosatdonlarning telefonlariga quloq tutish boshqarmasini o’ziga oldi.

Ichki ishlar, Prokuratura, Xavfsizlik qo’mitasi shtatlarini ikki-uch baravar oshirdi. U erda ishlayotganlarning maoshlarini yuqori qilib belgiladi. Ularga imtiyozlarni berdi. O’qituvchi, shifokor kabi kasb sohiblariga esa sariq chaqa ham “in’om” etmadi.

To’plangan odamlarni tarqatish, do’pposlash, muxolifatni tor-mor etish bo’yicha batalonlar tuzildi. Ularga afg’on urushi qatnashchilari, rus tilida gaplashadiganlar  jamlandi. Ne-ne yostiqlarni quritdi bu kuch!

Chet mamlakatdagi ish.bilarmonlarni sotib olib, ular orqali o’sha mamlakatlarga tashrif hozirladi. Oqibatda o’z turistik safarlarini qudrat deb kursatdi.

O’zbekiston bo’g’zigacha qarzga botdi. Hatto Turkmanistondan qarz olishgacha etdi. Buni xalqdan yashirdi. BMTga borganda «Biz qarzi yo’q davlatmiz» dedi. Vaholanki, faqat Rossiyadan O’zbekistonning qarzlari trillionlarga yetib qoldi.

Islom Karimovning bunday «qudrati» yurtni og’ir kunlarga boshladi. Vaqtida milliy pul kiritilmadi. U yagona rubl zonasiga imzo chekdi. U yerga haydalgandan keyin ham O’zbekistonning pulini chiqarishni orqaga surdi. Iqtisod emirildi, u esa «qudratini» tutish bilan ovora edi. Etik tor kelgach, pul chiqarishga qaror berdi.

Amir Temur: O’n birinchi: Men doimo sayidlarga ehtirom bilan qarardim, ulamo va shayxlarni e’zozlardim.            

Sayidlar, Payg’ambar avlodlari, Haqni haq deguvchilar… Ularning boshida qay bulutlar aylangani, aylanayotganini butun dunyo ko’rib turibdi. U ham ulamolarni e’zozlardi. Agar adib Said Ahmad uni maqtasa, Hamid G’ulom, Mirmuhsinlar doimgidek madhiya o’qisalar, Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirov, O’tkir Hoshimov… oqlovchilik qilsalar e’zozlardi. Erkin Vohid, Abdulla Orif… laganbardorlik evaziga u kishining e’zozlarida. Ahmadali Asqarov, Po’lat Habibullaev, Erkin Shayxov, Ozod Sharafiddinov, Akmal Saidov… kabi olimlar ham e’zoz qurshoviga kirdilar. Sababning ham sababi bor.

Islom Karimov ulamolar – fozilu fuzallolarni faqat madhiyago’ylar deb biladi. Ular uning «O’zbekistonning o’z taraqqiyot va istiqlol yo’li» va boshqa kitoblarini yozib berdilar. So’ng o’zlari majlislar, ilmiy konferentsiyalar o’tkazib, uni maqtadilar, ko’klarga ko’tardilar. Ammo xalq ahvolidan so’z ochmadilar.

Ulamolarning «kashfiyot»lari shu darajaga borib etdi-ki, O’zbekistonda yashayotgan yuz yoshdan ziyod umr ko’rganlar nomidan Prezidentga uzoq umr tilab murojaat “bitdilar”. Bunday “kashfiyot” bilan ismi-sharifini yozolmagan, ostona hatlab tashqariga chiqolmagan qashqadaryolik, buxorolik, surxondaryolik, qoraqalpog’istonlik onaxonlar, bobolarning ustidan kuldilar.

O’zbekiston fani, adabiyoti, san’ati esa orqaga ketdi. Islom Karimov zamonida dunyoga tatigulik qanday asar yoki yangilik yaratildi?

Namanganda neft qazishdagi katta falokatni ulkan yangilik deb jar soldilar, mukofotlar oldilar. Katta boylik esa 60 kun yondi. Uni to’xtatib bo’lmadi. Olov o’zi tingachgina, «Olov bo’ysundirildi» deb xitob qilindi. Kashfiyot shu qadar edi. Ammo Karimov akademik bo’lmagan akademiya qolmadi. Brejnev tirik bo’lganda balki unga hasad qilarmidi?!

Farhod Ro’ziev kabi olimchalar esa «Islom Karimov dunyoda yangicha yo’l yaratdi, uni Nobel mukofotiga taqdim qilish kerak» deyishgacha borib etdilar.

Na iloj, e’zozni qullik kaltagi, deb tushunganlar xato qilishmadi.  Vaqtinchaga. Bir kunmas bir kun ularni “e’zoz kaltagi” sindirib tashlasa, aslo ajablanmayman. Bu zolim podsholarga xos hunar.

Amir Temur: O’n ikkinchi: Men o’zimning ikromiyatim va rahmdilligim tufayli kishilarning eng past tabaqalarining ham, hattto boshpanasiz gadolarning ham rahmatiga sazovor bo’ldim.

Islom Karimov rahmat olishning boshqa yo’llarini yaratdi. Bolasiga «Islom» deb, uning ismini berganlar gilamli, uyli, bolalari esa qo’g’irchoqli bo’lishdi. Hatto tili chiqmagan bolakaylarga faxriy yorliq va Prezidentning maktubi topshirildi.

Gadolar shu qadar ko’payib ketdilarki, joy talash janjali bilan ovora bo’lib Islom Karimovni maqtashni ham unutdilar.

Biroq, gazetalar, radio, oynaijahon ularning o’rinlarini to’ldirib turdi. Rahm-shavqat haqida afsonalar to’qildi, qo’shiqlar aytildi, ammo birov uni ko’rmadi…

Nihoyatda qisqa taqqosimiz budur! Ummondan qatra. Bugun dahshatli ummonning barcha kulfatlarini sanashning uzi azobdir. Faqat, uning qatrasida shu qadar jinoyatlar, qabihliklar yashirin.

Shu bois ham Karimov nomi aytilganda ulug’ sohibqiron nomlarini yonma-yon keltirish bobomiz  ruhiga haqoratdir.

22.MAQSUDIY NIMA DEYDI?

“Amerika Ovozi” radiosida ishlab yurganimda (1999-2004) doim Islom Karimovning qudasi-Maqsudiylardan intervyu olishni o’ylardim. Chunki Islom Karimovning sirlarini ularchalik biladigan boshqa odam yo’q. Yana bir kishi bor. U ham bo’lsa prezident devoni Umumiy ishlar boshqarmasining rahbari Zelemxon Haydaraov. Ammo u hali otda. Qachon otdan tushsagana undan biror gap olish mumkin. Naqdi Maqsudiylar. Bu haqda doim Maqsudiy bilan quda bo’lgan hamkasbim Rano Habibga aytsam, u “Gaplashib beraman” derdi, ammo natija chiqmasdi.

Bir kun ruslarning gazetasida Maqsudiylar haqida tanqidiy maqola chiqib qoldi. Ko’rinishicha Gulnora Karimova yozdirgan va bir qancha maqsadni ko’zlagan maqola. Uni Rano opaga ko’rsatib, “Endi ham Maqsudiylar gapirishmasa, tarix oldida yuzlari shuvut bo’lib qoladi” dedim va maqolada ko’zda tutilgan maqsadlarni unga tushuntirib berdim. U Maqsudiylarga aytgan edi, ular maqolani ko’rishni istadilar va javob berishga rozi bo’ldilar. Darhol yo’lga chiqdim.

Uchrashuvimiz xuddi izquvarlar filmlaridagi kabi bo’ldi. Menga avval Nyu Jersey shtatining poytaxti Nyuakga kelishim aytildi. U yerga Mansur Maqsudiyga telefon qilsam, “Morristovn shahriga kelishingiz kerak” dedi. Sel yog’ib turgandi. Arang yetib bordim. Mansurga telefonda׃ “Temir yo’l ko’prigi ostidan o’tib, qarshi tomonga yura boshlasangiz biz o’zimiz sizni topib olamiz” dedi.

Mashinada o’tirgan Farhod degan yigitni tanishtirdi va uning radioga  gapirishini aytdi. O’zi esa “Financial Times” gazetasiga “boshqa joyga gapirmayman” deb so’z berganini bahona qildi. Uzoqda, o’rmonlar ichidagi hovliga otasini ham keltirgan ekan, o’sha erda uchrashdik.

Agar zolimning sirini bilsang Amerikada ham qo’rqib yashash kerak. Shuning uchun ham bu sirdan vaqtida qutulish lozim. Abdurauf Maqsudiy esa qutulmoqchi emasdek ko’rindi. U bir qog’ozni to’ldirib yozib olganini, shuni o’qib berishini aytdi. Bu orada kimlardir tinimsiz sim qoqib turar va voqealar jarayonidan xabardor bo’lishni istayotganlari sezilardi.

Ular mendan ham shubha qilayotgan edilar va buni tushinishga harakat qildim. Mikrofon ishga tushgandan keyin baribir og’ir savollarim bilan u kishini gapirtirishga muvaffaq bo’ldim.

Suhbat tugagach, u kishi o’g’liga “Sen faqat mana shuni o’qib berasiz, deganding, bu odam meni qiynab yubordi-ku” dedi uf tortib.

Mansur mendan ranjidi va qo’limga yarim qog’ozlik bayonotini berib, “Mana shuni radioda o’qib bersangiz” etadi, dedi. Ammo uning o’zini ham gapirtirishga muvaffaq bo’ldim. Keyin esa Farhodni. Suhbatimiz soat 23.05 da tugadi va chiqib, har tomonga tarqalib ketdik. Mehmonxoda qoldim. Mamnun edim. Chunki favqulloda muhim gaplarni olishga erishgandim. Ertasiga Vashingtonga qaytib, suhbatlarni eshittirishga tayyorladim.

Maqsudiylar telefon qilib suhbatlardan ba’zi joylarini olib tashlashni so’rashdi va kasbim nuqtai nazaridan buni bajo keltirdim. Lekin bu umumiy mazmunga soya tashlamadi.

2003 yilning 11 Avgustidan boshlab, ya’ni dushanba kunidan 17 avgust yakshanbaga qadar suhbatlarni efirga uzatdik va bu suhbatlar Islom Karimovning kimligini ochishda nihoyatda katta ahamiyatga ega edi. Shu bois mazkur suhbatlarning matnini, magnit lentasiga qanday tushgan bo’lsa shu holda aynan keltirmoqchiman.

ABDURAUF MAQSUDIY BILAN SUHBAT

-O’zbekistonda juda ko’p odamlar Abdurauf Maqsudiy deganda birinchi navbatda O’zbekiston prezidenti Islom Karimovning qudasi edi bu odam, degan nuqtai nazardan tanishadi. Demak, shundan kelib chiqadigan bo’lsak, birinchi savolim – Abdurauf Maqsudiy o’zi kim? Buni siz o’zingiz qanday ta’riflaysiz?

-Rahmat Jahongir aka! Men Abdurauf Maqsudiy aslan O’zbekistonda tug’ilib, O’zbekistondan 1931- yillarda otam O’zbekistondan Qashqarga ketgan. Qashqardan keyin Turkistonga kelgan. Bundan keyin Afg’onistonga hijrat qilgan. 46-yilda Afg’onistondan Arabistonga ketganmiz. Ikki yil Arabistonda turib qaytib Afg’onistonga kelganmiz. Biz hamisha tijorat bilan shug’ullanganmiz. Tijorat ishlarida bo’lganmiz. Otam rahmatlik savdogar bo’lgan. Amriqoga kelishdan maqsad, man birinchi marotaba kelganim 1965 yilda tijorat ishlari bilan Amriqoga kelib, Amriqoni ko’rib, shunga qaror berdimki, bolalarimni ham Amriqoga olib keldim shu erda yoshlikdan o’qishsin deb.

1972 –yilning oxirida uchta bolamni ham Amerikaga olib kelib ularni bu yerda maktabga joyladim. Undan keyin o’zimiz Afg’onistonda edik. Afg’onistonda shu sanoat ishlari, fabrikalar qurgandik, tijorat qilardik.

79-yilda Afg’onistonga rus hujum qilib, Afg’onistonni olgandan keyin sekin-sekin Afg’onistondan man ham chiqib ketdim.

-Adashmasam 1994 yilda “Erk” gazetasida bir maqola chiqqan edi. O’shanda aytilgan ediki, siz Afg’onistonda bo’lgan paytingizda, ruslar kelganda, siz Afg’oniston Sovet Savdo Jamiyatini raisi bo’lgan edi, deb yozishgandi. Shu to’g’rimi?

-Shu narsaga taklif qilishuvdi, men hech davlat ishini, siyosiy ishini yaxshi ko’rmasdim, hech qabul qilganim yo’q shuni. Shu ishga hamisha meni chaqirishgan, o’sha joyni menga saqlashgan, o’sha paytlarda men tashqariga chiqib ketardim. Qabul qilganim yo’q. Men davlat ishini hech yaxshi ko’rmasdim.

-Mana Amerikaga keldingiz, endi tabiiyki chetda yashagan har bir turkistonlik, nega o’zbekistonlik demayapman, turkistonlik, chunki O’rta Osiyodan chetga chiqqanlar hammasi o’zini turkistonlik deb biladi. Mana shular o’zi tug’ilib o’sgan joyning mustaqilligini orzu qilgan. Mana shu mustaqillik ham nasib bo’ldi, shu odamlar ham ko’rdi. Lekin qanday bo’ldi-yu siz mustaqil O’zbekistonning prezidenti bilan quda bo’lib qoldingiz? Bunga nimalar sabab bo’ldi? Qanday tasodiflar bo’ldi? Shu haqda ikki og’iz gapirib bersangiz.

-1984 yilda kam-kam o’zbeklar Moskva orqali sayohat uchun Amerikaga kelishardi. Ularni ichida ko’p yozuvchilari bor edi, shoirlari bor edi. Ilmiy odamlar bor edi. Juda ko’p o’sha Maskov yo’li bilan sho’tga kelishib, bir hafta, o’n kun kelishib turganda, biz hamisha ulardan xabar olardik… Shu fursat bilan biz O’zbekistonlik olimlar bilan tanishdik. Ular hamisha Toshkand yoki O’zbekiston nihoyasini ko’rib, boshqa dunyoni holatini ko’rib, sho’tga kelishganda hammadan iltimos qilishardiki, kelinglar O’zbekistonga, bizni qo’limizdan bir ish kelmaydi, o’sha erda bir ish boshlanglar, odamlarga ish topilsin. Ko’p holatimiz yomon, deb shunaqa bizni taklif qilishgandi O’zbekistonga. U vaqtda man na Karimovni tanirdim va hech kimni tanimasdim, faqat shu kelgan olimlarni tanirdim. Faqat bularni ichida boshqa odamlar ham bor edi. Endi otini aytsam bularga darrov zarar etadi. Ular ko’p taklif qilishgan. 90–yil man qaror berdimki hay, O’zbekistonga boray, O’zbekiston iqtisodiy va tijoriy faoliyatini joylarda ko’ray, o’limdan keyin bir manfaatim mamlakatimga tegsin degan niyatda man O’zbekistonga bordim.

-Lekin mana bugun o’zbek matbuotida ham, rus matbuotida ham, agar bir nazar tashlaydigan bo’lsak, bitta narsani ko’rayapmizki, aytishayaptiki, Abdurauf Maqsudiy O’zbekistonga faqat pul qilish maqsadida kelgan edi, degan narsani aytishayapti. Bunga nima deysiz?

-Albatta men tijoratchiman. Hamma joyga borsam o’zimni tijoratimni qilganman. Endi O’zbekistonni qo’ying, boshqa tamom dunyo tijorat uchun ozod. O’zbekistonga borganim albatta savdogarman, pul topishim ham kerak, lekin ko’proq xalqqa manfaat etkazish.

O’zbekistonga borib “Rost trening” shirkatini qurdim. “Rost trening” shirkatidan keyin “Koka-kola” zavodlarini…90 yilda O’zbekistonga bordik. Hali u vaqtida ozodlikmasdi. Karimov eshitdi. Bormaganimizdan oldin ham Karimov bu yoqqa bir xat yozib, Abdurauf aka, keling O’zbekistonga, deb da’vat qilgan edi. Man uni da’vati bilan bormaganimdan keyin Shukrullo Mirsaidov ham da’vat qildi. U kishi bu yerga kelgan edi. Ibrohimov degan…

-Mirzaolim …

-O’sha deputatlarni raisi bor edi…

-Mirzaolim Ibrohimov…

-U kishidan ham da’vat keldi. Xay, yana mamlakatimizni ko’raylik deb, shavqi-zavq bilan o’sha yerga bordik. Borib sekin-sekin holatni ko’rib, ish boshladik. Tanishdik… Albatta meni xalq quda bo’lishimdan oldin tanirdi, men xalqni tanirdim.

Ha bu dunyoda taqdir, qismat bor ekan, uch yildan keyin ba’zi odamlar o’rtaga tushib… Xulosa 90-yildan keyin, biz 91-yilda bu ishlarni boshladik hammasini. Boshlaganimizdan keyin, mana ko’rdingizki, manfaat ham qildik, albatta qilamiz, nima desam bo’ladi tijorat qildik. 2500 ishchi bizda bor edi. Siz mana o’zingiz dunyoni ko’rayapsiz 2500 odam bir joyda ishlasa 25 ming odamga ish topiladi. Masalan tovar tashish, savdo-sotiq, moshinalarda yuk tashish bilan 25 ming odam o’shatta ishlagan…

-Lekin endi mana bugun yozishayaptiki, mana shu odamlarga yaxshi haq to’lashmagan va ayni paytda o’sha shirkatlardan taks(soliq) to’lanmagan. Bu yerda asosan qallobchilik qilingan. Faqat o’z manfaatini o’ylaganlar. Birov agar biron narsa desa darrov ishdan haydashgan, degan gaplar… Bularga nima deysiz?

-Bu gaplarning hammasi yolg’on va tuhmat. Biz nalogini to’laganmiz, dunyo bo’yicha katta kompaniyalar borib hisobimizni ko’rgan. Hammasida hujjatlarimiz bor. Mana biz chiqib ketganimizdan keyin, Islom akani qizini o’g’lim qo’yib yuborgandan keyin biz o’g’ri bo’ldik. Undan avval o’g’rimasdik. Asosan men 93-yilda dachadan chiqib ketdim. Dachada o’tirardim avval ko’rgan bo’lsangiz. Sal Islom akadan man uzoqroq turay dedim. 93-yilda Islom aka o’zi va oilasi bizga talablar qo’yishni boshladi. Bu talablarni, qo’ygan talablarni ham vaqtida aytib beraman hammasini. Yo’q, manga to’g’ri kelmadi bu ish. Man bir ozod yashagan insonman. Islom akadan uzoqroq turay deb, joyim yo’q edi, borib Qatortoldagi omborimda yashadim. To yer oldim, joy oldim… Joydi bitkazgunimcha o’sharda yashadim. Islom akadan uzoqroq turdim. Hozirgacha bo’ynim mana shundoq… Hech kimni o’rtasida Islom akaga tushganim yo’q falon ishda shu odamga yordam bering deb. Man Islom akaga… Man qudasi edim. Man qanday bir odam… Masalan siz qudangizga hech bo’yningizni egmaysiz. Bir do’stingizga egasiz. Mani bir majburiyatim yo’q, Islom aka, keling bir yordam bering deyishga. Islom akani manga ehtiyoji bor…

-Lekin mana siz aytayapsizki, ba’zi talablar bo’lgan edi, keyin aytaman, deyapsiz. Shu keyin aytaman deganingizning ortida nima gap bor?

-Uka, siz bilmaysiz, mani ikkita nevaram ularni qo’lida. Uchta qarindoshimni ular qamab olishdi. Bir kun o’tirganimda Amerikada… Zelemxon Haydarovni bilsangiz kerak, Zelemxon Haydarovdan manga telefon keldi.

-O’zbekiston prezidentining Umumiy Ishlar Boshqarmasining boshligi…

-O’ng qo’li deyiladi O’zbekistonda. U odam kuchli…Zelemxon akadan manga telefon keldi-ki, “Abdurauf aka, Islom aka va oilasi chaqirib menga buyruq berdiki, Abdurauf akaga telefon qiling, shu Mansur Gulnorani qo’ygan talablariga… Talablarining ichida bittasi shu-ki, Mansur avlodidan kechsin. Avlodidan kechsa na sizlarni zavodlaringizni olamiz, na sizlarni joylaringizni olamiz, na uylaringizni olamiz, hammasini sizlarga qaytarib beramiz. Shu Mansurga ayting, shu ishga qo’l qo’ysin. Nima deydi?”.

Mansur turib aytti-ki, nima qilsa qilsin, man bolamdan qanday qilib o’taman, dedi. Endi bunga bir sabab borki, inson bolasidan qanday qilib o’tadi? Endi Karimov o’zi bunga o’rganib qolgan, oldingi xotinini qo’yib yuborib, bolalaridan kechgan. Biz inson bolasi edik biz. Boshqalarni qanday bilsin, millatni qanday bilsin!? Shu sabablar uchun 93-yildan buyon man bu odamdan uzoqlashdim. Man shu Qatortolda yashayman, qanday holatga tushganimni man o’zim bilaman.

-Har holda bir odamni tanish uchun o’n yillar etarli bo’lsa kerak. Shu o’n yilda ozmi-ko’pmi tanidingiz. Shu tanigan odamingizdan nevaralaringizni olishingiz mumkinmi?

-Albatta, mana Amriqoda adolatlik. Na bu yerda bir odam bittadan biror narsani iltimos qilolmaydi, hammasi pul. Amerika sudi mana shetta qaror berdi. Nevaralarimni qaytarib bersin, odamlarni qo’yib yuborsin, har narsa deb… Hozir avvalgi gapim chala qoldi. Shu Zelemxon Haydarovni aytgan gapi, mana shuni yozing, Zelemxondan so’rang, agar Zelemxon aka shu gapidan tonsa, man subutini sizga qo’yib beray…

Suddi qarorini eshitgan bo’lsanglar kerak. Bugun Gulnora Karimova yo deyarli boshqa uning do’stlari-yu yo boshqa davlat odamlari ko’p bu yerda harakat qilishdi. Suddi aldashmoqchi bo’lishdi. Lekin sud ana hammasini yozdi. O’qigan bo’lsanglar. Bu yerda O’zbekistonga o’xshagan emas-ki, bu yo’l bo’lsa bunday qilgin deb. Inshoollo olamiz nevaralarimizni. Hech kimga… Xudodan boshqa hech kimga bir narsa qolmaydi. Zulmning oxiri barbod. Bunday olganda Islom akani kim yaxshi ko’radi? O’zingiz ayting… Yomon ko’rgan odamni “Xalq dushmani” deb ham e’lon qildi. O’n yil, yigirma yillab odamlarni qamagan. Ba’zi sessiyalarda bo’lgan gaplarni eshitgandirsiz, avvalda, nimalar degan bu odam? Yalinib turardi odamlarga. Hozir endi hamma yog’ini o’ziga qilvolib, o’ziga yaqin odamlarni qo’yvolib… O’zbekistonga masalan, bir protsent ham inson huquqi yo’q. Siz nima deysiz shu gapga, inson huquqi bormi O’zbekistonda?

-Jahon jamoatchiligi O’zbekistonni inson huquqi paymol etilayotgan joy deb turibdi. Lekin mana shu gapni shu o’n yil davomida biror marta qudangizga aytmadingizmi?

-Aytdimku sizga, man 93-yildan buyon bu odamdan uzoqlashganman. Tug’ilgan kuniga aytardi, vaqti kelganda o’shanda man chiqib ketardim. Juda borgan bo’lsam shu o’n yilni ichida o’n marta shu odamni uyiga borganim yo’q. Unda ham nimaga borardim? Keliningizni olib shu 92-93- yildan keyin nevaralarimni ko’rgani borardim.

-Endi mana O’zbekiston hukumati tarqatayotgan xabarlarga ko’ra, O’zbekiston Respublikasi Prokuraturasi tarqatayotgan xabarlarga ko’ra sizlarni “Interpol”ga berishgan, ya’ni xalqaro qidiruvdasizlar. Siz va ikki o’g’lingiz O’zbekistondan juda ko’p pullarni o’g’irlab ketgan, qolaversa Amerikani o’zida ham juda ko’p taksdan, haligi taks degani soliq, soliqdan o’g’irlagan… Juda ham ko’p da’volar bor. Umuman mana shu borada nima deysiz?

-Biz hayotimizda taksdan o’g’irlagan emasmiz. Musulmonmiz avvalo. Taks bersangiz pulingiz halol bo’ladi.

– Soliq…

-Ha, siz bergan solig’ingiz g’arib odamlarga ishlatiladi. Buni barakasi bo’ldi. O’zbekistonda nimaiki taksni bergan bo’lsak Amerikada ham shu taksni berganmiz. Bu yerda davlatni ko’zi munday yumiq emas. Qayerda bir amerikalik tashqarida ish qiladigan bo’lsa uni tijorati bilingan. Amerikada bitta odamni cho’ntagida 500 dollar naqd pul bo’lmaydi. Hammasi bonkada bo’ladi. Bu Karimov akaga o’xshagan… Endi hozir aytolmayman, faqat ikkita nevaram va uchta qarindoshimni ushlab qolgan… Qaysi qonun bilan ushlagan? Qizi dunyo bo’yicha nima o’g’irliklar qilgan? Sessiyada e’lon qildi o’zi Karimov bir odamni bolasi gunoh qilsa otasi javobgar deb. Eshitganmisiz?

– Eshitganman.

-Qizi shunday yomon ishlarni qilayapti, Karimov javobgar. O’zini o’zi Karimov qamasin. Qizini qilayotgan ishidan xabaringiz bo’lsa kerak!?

– Xabarimiz yo’q…

-A, o’qinglar gazetlarni, nimalar qilayapti, nimalari bor uni… Qaysi bonkalarda puli bor buni, hammasini sizlar bilinglar. Surishtiringlar…

-Jumladan shuni bilish harakatimizdan bittasi shu, mana sizdan so’rayapmiz, siz bilganlaringizni ayting.

-Man sizga ilgariroq aytimki vaqti soati bilan hammasini…Keyin yana siz bilan gapirishamiz, inshoolloh. Yana gapirishamiz.

-Mana aytayapsizki meni qarindoshlarimni qamagan deb. Shu qarindoshlaringiz kimlar? Qachondan beri qamoqda.

-Biz chiqib ketganimizdan keyin… Ular o’zi tijorat qilardi. Bittasi bizda ishlardi, bittasi meni bojam bo’ladi.

– Ismlarini ayting?

-Bittasi meni qaynog’am bo’ladi, Said Jamol degan. Bittasi meni jiyanim, ham bojam bo’ladi-Said Dovud degan. Uchinchisi meni bojam bo’ladi Hoji Abdushukur degan. Biz chiqib ketganimizdan keyin… Bizni chiqib ketishimiz juda qiziq bo’ldi. Juda g’alat bo’lgan. Biz chiqib ketishimizda… Daf’atan o’shattan bizga xabar berishdi-ki… do’stlarimiz bor O’zbakistonda… O’zbakistonda yaxshi o’zbaklar borki, yaxshi musulmonlar bor…Abdurauf aka, chiqing dedi. Biz Amerika saforatiga ayttik, Amerika saforatidan bizga yordam bo’lib chiqib ketdik. Biz chiqib ketganimizdan keyin, 10-15 kundan keyin bularni olib borib qamadi. Bular nima ish qilgan, nima gunoh qilgandi? Ularni chiqarishi qandoq bo’ldi? Bir to’rt-besh kishini uylarini olishdi, joylarini olishdi. Tijorat qiladigan mollarini olishdi. Bittasini uch-to’rt million dollarini olishdi. Kechasi kelib ikki avtobusga solib, “Hayraton” ko’prigidan o’tkazib yuborishdi. O’n oltiga kirgan bitta bola sovuqdan o’ldi. Istalin ham bunchalik qilgan yo’q-ku! Istalin… Karimovni nima uchun gazetlarda O’zbekiston Istalini deydi? Biz shu bir o’zbekni istalin deganiga sharm qilamiz. Albatta siz ham O’zbekistonda bo’gansiz, ko’rgansiz. Mana bugun bir yozuvchisiz, ozod mamlakatda yashayapsiz. Siz ham o’zingiz ayting bu odam nimalar qilgan insonlarga? Shu gaplarim to’g’rimi, to’g’rimasmi? Kam odamni olib borib qamadimi?

– Siz aytgan qarindoshlaringiz qayerning fuqarosi, Amerikanimi?

-Yo’q, bittasi Pokistonni fuqarosi, uchtasi Afg’onistonni fuqarosi.

-Ularga qanday ayb qo’yib qamagan?

-Hech aybini bir tagi yo’q. Mana shu yolg’on bizga yozganda. Faqat meni qarindoshim bo’lganligi uchun…

-Endi, odatda podsholar bilan yaqin bo’lish masalasi nihoyatda bir murakkab masala. Juda ham yaqin bo’lsang kuyib ketasan, uzoq bo’lsang muzlab ketasan, degan gap bor.Boshida shuni hech bir o’ylamadingizmi?

-Samarqandliksiz, forscha ham bilasizmi?

-Oz-moz…

-Bitta forsiyda Sa’diyning aytgan she’ri bor. “Qurbi sulton otashi so’zon buvad”, ya’ni “Sultonning do’stligi do’zaxday bir o’t” deydi. Xo’p, biz bu odamga qo’limizdan kelganini qildik. Qo’limizdan kelganini qildik. Ammo siyosiy ishlarda emas.Yoki xalqdi ozor bertishda emas…

-Lekin shu do’zaxni bila turib, do’zaxga o’zingizni urdingizmi?

-93-yilda ayttim bundan man chiqib ketdim, bundan uzoqlashib ketdim. Hamma biladi. O’sha Qatortolda omborda yotganimni besh oy hamma biladi. O’sha Karimovdan o’sha vaqtida… daf’atan ishlarimiz cho’ziliob ketdi, boshqa bo’ldi, bunaqa qarindosh bo’lib qoldik. Daf’atan tashlab chiqib bo’lmasdi. Eng yaxshi bizni maslahatimiz shu bo’ldiki u odamdan sekin-sekin…

-Xo’p, mana o’sha quda bo’lgan, dastlabki yaqin bo’lgan yillaringizga agar qaytadigan bo’lsak, boshida ularning oilasidagi vaziyat qanday edi? Masalan odamlar qiziqadi shu prezidentning qizlari bilan munosabati, qizlarining otasi bilan munosabati, qizlarining qaynotasi bilan munosabati, qudalarning uzaro munosabati … Shular haqida ham?..

-Bu haqida sizga hech nima aytib berolmayman, hozir aytolmayman. Ko’p narsalarni hozir aytolmayman. Qachonki ikkita nevaramni sizlar obkeb beringlar, keyin man sizlarga kitob-kitob qilib aytib beraman.

-O’zingiz nimalarni aytish kerak deb o’ylaysiz?

-Hach narsalarni… Ko’p narsalarni… Man shunday ko’rgan narsalarni sizlar ko’zingla bilan ko’rmagansizlar. Man ko’rganman. Nimaiki qilgan bo’lsam o’zbek xalqi biladi. Mana misol tavrida, tijoratimdan ana sizga qilgan ishlarimdan gapiraman. Misol tavrida sizga ikkitasini aytay. Shoyimardonni sel olib ketganda hech kim qatnashmadi, men qatnashdim. 67 ta uy qilib berdim. Ko’priklarni tuzatdim. Yo’llarni tuzatdim. Daryolarni tuzatdim. Xalqqa bir kasalxona qilib berdim. Million-million, yuz millionlab etta pulim ketdi. Ammo bu minnatmas. Xalq orom bo’ldi, ko’p xursand bo’ldi. Meni xalq yaxshi biladi. Karimov shu… 91-yildan keyin u bilan quda bo’ldik. Undan oldin bizni xalq bilarmidi, yo bilmasmidi? Yana aytsam yaxshi bo’lmaydi, O’zbekistondan kelgan betta mehmonlarni hammasini biz hurmatini qildik, yordam qildik. O’shani uchun bizdi biladi. Biz O’zbekistonga borib nima qildik? Faqat xalqqa yordam qildik, xalqdi ko’zini ochdik, ish berdik…

-Endi, Karimov bilan yaqin bo’lgan paytlaringizda muxolifat sizni qoralab keldi. Aytishdiki, bu odam Afg’onistonda ham shu ishni qilgan, O’zbekistonga ham kelib mana, bug’doy deb necha million pulni Amerikaga olib ketdi, bug’doy olib kelinmadi. Samarqand xolodelniklarini olib ketib sotdi, uni sotdi, buni sotdi, hatto shu darajaga borib etdiki “Koka-kola”ni xo’jaini faqat shu odam bo’ldi. Boshqa odamlar bunga o’xshagan shirkatlar ochaman, desa urib tashlandi, degan gaplar aytildi. Endi bo’lsa ayni gaplarni Karimov hukumati ham aytayapti. Buni qanday tushunish mumkin?

-Man O’zbekistondan, masalan Samarqanddan xaladelnikni olib bekorga oldim-mi? Bekorga berdim-mi? Yo masalan bug’doyga pul olib bug’doy bermadimmi?

-Lekin Karimovning qudasi deb bekorga bergan bo’lishlari mumkin-ku!

-Yo’q. Bu narsalar qizini qo’yib yuborgandan keyin bu gaplarni endi chiqaradimi? A, Karimov degan bir mamlakatni prezidenti. Mana Zelemxon Haydarov bor edi. Qizi janjal qildi Toshkentda menga. Man aytdim, “E, Zelemxon, bu qizga ayting, Islom G’anievich Karimov bugun 25 million odamning otasi, yolg’iz Gulnorani otasi emas”. Gulnora keyin manga aytdi-ki, “Seni qamatamiz, hamma narsani olamiz, u qilamiz, bu qilamiz”… Man aytdim, “Bor qo’lingdan kelganini qil, otangga ayt”… Manga avval aytdi-ki, “Otamni fikrini ishlataman”…Agar otang shu ishni qilsa, dedim, otang ahmoq odam ekan, dedim. Bu gapni Zelemxon Haydarovdan so’rang. Man aytdim, odam bir marta o’ladi, bor otangga ayt, dedim. O’sh kuni shomdan keyin u ketib otasiga aytdi, erta–indin kelavermadi, keyin biz chiqib ketdik.

-Endi bugun mana ular aytayapti-ki, biz hamma hujjatlarni Amerika hukumatiga berganmiz… Amerika Adliya vazirligiga, Prokuraturasiga va boshqa idoralarga berganmiz, yaqin kunlarda qo’l – oyog’ini bog’lab olib kelamiz, deyapti. Bunga nima deysiz?

-Bu gaplarmi hammasi tuhmat. Bu yoqqa yuborgan bo’lsa bularni ham axir o’qiydi, ko’radi. Bir bug’doy olib-sotgan, necha yil o’tdi, bu ishlar qanday bo’ldi? Biz O’zbekiston davlatidan bir tsent, bir so’m qarz olgan bo’lmasak, bizni million-million, bir milliard so’mimiz qolib ketdi. Aytdim-ku bu hammasi bitta gap, Karimovni miyasi aynib qolgan bechorani. Endi shu qizini ta’siriga keb qogan, ixtiyor qo’ldan ketib qolgan, bu kasallik ixtiyori… O’zi menga aytardi, “Men ko’p qiynalayapman, uka!” deb. Besh yil avval. Bu oilasiga kuchi etmay qolgan. Hammasi tuhmat. Mana O’zbekistondagi Prakuror bechorani nima ixtiyori bor? Vazirlikni ne ixtiyori bor? Deputatlarini O’zbekiston Xalq noibi demaydi Karimov. Oilasi maymunlar deydi ularni. Qaysi bechorani ixtiyori… Bir prokurordi ixtiyori bormi? Aytingchi siz o’zingiz? Bormi prokurordi ixtiyori?

-Yo’q.

-A?!

-Ikki og’iz o’zingiz gapirib bering.

-Gulnorani shirkatini ta’sis bo’lishi, boshqasidan siz Mansurdan so’rang, hammasini aytib beradi sizga.

-Demak, bu masalani Mansurbek bilan suhbatga qoldiramiz. Siz bilan davom yettiradigan bo’lsak, Abdurauf Maqsudiy O’zbekistonning kelajagiga qanday qaraydi? O’zbekistonning kelajagi qanday bo’lishini istaydi? Qaysi kunlarda O’zbekistonga borishni istaydi?

-Inshoolloh, mani o’zimni gapimni bittasi qoldi. Shoyimardonni gapini aytdim sizga. Ikkinchi qilgan ishimiz hamisha biz xalqqa yordam qilganmiz. Sizlar borib xalqdan so’ranglar, mendan so’ramanglar. Davlat odamlaridan ham so’ranglar. Musulmonlardan ham so’ranglar. O’sha o’rislardan ham o’shattagilardan so’rang. Xlabushkina degan bir etimxona bor edi. Avvaldan 93-yildan biz unga yordam qilib kelardik. 98-yildan davlat qarolmasdan qoldi xabaringiz bo’lsa. Menga aytdiki, shuni siz oling Abdurauf aka, bir xat yozing shuni sizga beray bolalari bilan… U erda 180 tacha bolalari bor edi. Shuni to’liq o’z qaramog’imga oldim. Sport joylarini qilib berdim. Kampyuterlarini… Faqat Amerikada qanday bo’lsa shunga o’xshagan qilib berdim. Man O’zbekistonga boraman, o’sha etim bolalarga va’da qilganman. Yaxshi o’qisang, sen ham Karimovga o’xshagan prezident bo’lasan. Insholloh boramiz O’zbekistonga. Endi yana savolingizga qaytamiz. O’zbekiston kelajagi toki bir demokratik hukumati bo’lmasa… Saylov yaxshi…

Agar erkin saylovlar bo’lsa keyin O’zbakiston yaxshi bo’ladi. O’zbeklar talanti bor, lekin bular qo’l-ayog’ini bog’lab qo’ygan. Qanday bo’lmasin gap darrov prezidentga etadiki anavu odam vazir bo’lmoqchi, hukumatni olmoqchi. Uni boshqa yo’llar bilan o’zingiz bilasiz, mana siz nega Amerikaga keldingiz, shuni manga ayting siz? Mani savolim sizga shu, siz nimaga keldingiz Amerikaga?

-Tabiiyki, meni Amerikaga kelganim boshqa masala. Sirli masala bu siz bilan bog’liq masalalar. Jumladan, saroy masalasi, saltanat masalasi… Saltanat – sirli dunyo. Lekin juda ko’p mish-mishlar tarqaladi, juda ko’p gaplar tarqaladi. Shulardan ba’zi birlarini sizdan so’ramoqchiman. Jumladan Abdurauf Maqsudiyni Karimov bilan orasini buzilishi borasida eng katta mish-mishlardan bittasi, aytishadiki, go’yoki Karimov keyingi paytlarda o’sha ekanomika yomon bo’la boshlagandan keyin, ayniqsa u paytda O’zbekiston Islomiy Harakati Amerikani kuchi bilan yo’qotilmagan paytda chiqqan mish-mish bu… Go’yo Karimov siz orqali Amerikadan va Karimovning qizi sizlar orqali Amerikadan bir qancha mulk olgan. Masalan, Nyu Jersidan, Verjiniyadan, boshqa yoqlardan juda ko’p pullarni asosan shu tomonga yo’naltirgan bular. Lekin buni Maqsudiylar o’ziga olgandan keyin Karimov bilan orasi buzildi, degan mish-mish yurardi. Bunga nima deysiz?

-Bu mish-mish hammasi yolg’on gap. Biz Karimov bilan quda bo’lgandan avvol shu avlodimizdi hammasiga joyi bor edi. Karimov mani qudam bo’lganidan keyin hech bir mulk olganimiz yo’q. Yolg’on gaplar hammasi. Boyatda sizga aytdim-ku 500 dollar naqd pulingiz bo’lsa o’shanga ham siz javob aytishingiz kerak. Bu hammasi yolg’on gap. O’sha o’zlari to’qigan gaplar.

-Bir ota sifatida bir savolga javob bersangiz. Mana o’g’lingiz ham shu erda. O’g’lingizga Karimovni qizini olib berdingiz. Yashadi bular. Ikki farzandlik bo’ldi. Mana bugun o’g’lingiz sizni yoningizda, o’g’lingizni o’g’li bilan qizi O’zbekistonda. Bir ota sifatida o’sha qilgan ishingizdan pushaymonmisiz? Nimani o’ylaysiz shu haqda?

-Uka bu bunday masalaki, bir odam bir yerga uylanadi yo ajrashadi. Hammasi taqdirga yozilgan bo’ladi. Taqdirga borakan, nonu nasiba borakan, biz O’zbekistonga bordik. Karimov albatta O’zbekistonni prezidenti bo’lib Rassiya tomonidan saylanib kelgan ekan. Unga bizdi ishimiz yo’q. Sizga avval aytdim-ku, biz siyosatdan ko’p uzoqmiz, qonimizda yo’q, biz aralashmaymiz. Albatta bu xususda ikkita nevaramiz qolgan o’shatta deb sizga bir necha marta aytayapmiz. Hech inson, masalan, bolasidan kecholmaydi. Inshoolloh, bu ishlar vaqti zamoni bilan… nevaralarimiz ham qo’limizga keladi. Erta bu yolg’on gaplar… Ular ming marta yolg’on gaplar tarqatsa hech narsa yo’q. Turpoq devorga yopishmaydi to ho’l bo’lmasa. Bu yo’g’ gapga, masalan… Bu tarqalgan gaplar hammasi yolg’on uka. Siz shu Karimovning gapiga ishonasizmi?

-Man har holda bu Karimovni gapini so’ramadim, xalq orasidagi mish-mishni so’radim shekilli?!

-O’zi yolg’on gap.

-Endi Abdurauf aka, bugun Abdurauf Maqsudiy shu kecha kunduzda nima ish bilan mashg’ul?

-Tijorat bilan… Tijorat qilamiz biz. Tijorat qilayapmiz.

– Qayerda?

-Butun dunyoda. Olamiz-sotamiz.

-Endi yana bitta, eng so’nggi savol. Odatda bir shu nevara ko’rganda qudalar ism qo’yishda nevaralariga kelishib ism qo’yadilar. Mana shu nevaralaringizni ismi bittasi Islom bo’lishi, bittasi Iymon bo’lishi… Buni tarixi bormi yo’qmi?

– Nevaralarim avval Amerikada tug’ilgan. Biz bu atti betta qo’yganmiz.

-Nima uchun Islom deb qo’ygansiz?

-Islom deb qo’yganmiz. Iymon deb qo’yganmiz Islomdi bolasi deb.

-Demakki o’sha paytda Islom Karimovga hurmatingiz, e’tiqodingiz baland bo’lgan ekan-da?

-Yo’q-yo’q, boshqa gap bu. Islom uchun niyatimiz bor edi. Avvalo har bir… Niyat bo’ladi. Masalan, o’zingizni niyatingiz bo’ladi-ki, qiz qo’ysam atini bir narsa qo’yaman, Islom qo’yaman, Payg’ambar qo’yaman, Hazrati Ali qo’yaman, deb odamlarni niyati bor. Shunaqa musulmonlarni bugungi bolalarini ati Qudaxon To’ram degan bo’ladi. Ha, bu bir gapmas-ku! Bir at bir odamniki bo’maydi, hamma istaganini qo’yadi.

-Lekin Islom Karimov O’zbekistonda dindorlarga juda qattiq zug’um o’tkazib kelayapti. Bu kecha emas, o’tgan kuni emas, keyingi o’n yil davomida islom degan, iymon degan, din degan odamlarga zug’um qilib kelayapti. Mana shunday paytda siz ham nevarangizga Islom deb, Iymon deb ism berganingizda qanday bo’ldi munosabatlar?

-Bu endi o’zimizning ixtiyorimiz. Biz bunga iftixor qilamiz-ki, musulmoncha ot qo’yganmiz. Endi mana shu Amerikada ko’p odamlar tug’iladi musulmonni bolasi, musulmoncha ot qo’yadi. Har kimni o’ziga bir shavqi bo’ladi. Masalan Iymon degan narsa O’zbekistonda yo’q bo’lsa kerak, Iymon qo’yganmiz. Islom degan ot masalan yuzta bor. Minglarcha musulmonlarga Islomxo’ja degan otlar bor, Muhammadislom degan ot bor. Yolg’iz Karimovdan olinmagan, Karimovdan ilgari bu otlar qo’yilgan.

-”El” tashkiloti atrofida ham ilgari juda ko’p gaplar yurardi. Islom Karimov o’z qudasini mana shu “El” tashkilotiga boshliq qilib qo’ydi, deb va chet elliklarni bir qismi, Maqsudiyga yaqin odamlarga ish topildi, Maqsudiyga yaqin bo’lmaganlar quvg’inga uchradi, kasalxonalarga tushdi, O’zbekistondan chiqib ketdi, degan gaplarni ko’p eshitganmiz. Shunga ham javob bersangiz.

-Chet elda yurgan o’zbeklar hamisha orzusi shu ediki shu mamlakatimga borsam, mamlakatimga borsam. Qo’limda nima narsam bor, shu mamlakatimga borib xizmat qilsam. Ko’plari borishdi. “El” tashkilotini biz qurdik. “El” tashkilotini qurib butun chet el o’zbeklarini ham olib bordik o’shatga. Hammalari xursand bo’lib ish boshlaydigon bo’lganda …93-94- larda borishdi hammasi. Lekin xo’p mayuslik bilan qaytdi ko’plari, masalan uch oy, to’rt oy, olti oy o’shatta qolishdi. Qolib ish qilayin deb, boshqa qilayin deb… Bir yordam bo’lmadi, boshqa bo’lmadi. Endi siz mana shu yerga kelib tijorat qilaman, desangiz davlat sizga yordam qiladi. Bular bu narsalarni o’ylab O’zbakistonga bordi, davlatdan bir yordam bo’lmadi. Ko’plari bor-ey, bo’lmadi, deb chiqishib ketdi. Chet ellik o’zbaklarning xatosimas, albatta bekorakam O’zbekistonda juda ko’p edi.

-Lekin O’zbekiston sharoitidan kelib chiqadigan bo’lsak, o’zbek xalqining mentaleteti, zehniyatidan kelib  chiqadigan bo’lsak, o’sha paytda siz bir davlat edingiz. Masalan siz yordam qilishingiz mumkin emasmidi?

-Yo’q, man hech davlat ishiga aralashib hatto… Bir odam bilan kelgan manga hammasi, man aytdim, birodar boringla, mani o’rtaga tushmanglar. Man aytganman sho’ttagi o’zbeklarga. Bu o’rtaga meni tushmanglar. Bilasanku dedim. Bilardi meni. Man namus qilaman, sen uchun bir idoraga borib ishingni qilib berib. Bor yo’lingni topgin, deganman. Bechoralar tashlashib chiqib ketgan. Mani ishim, man sizga aytay, boshqa odamlarni ishi bonkalarda bo’lardi. Davlatni oldida bo’lardi. Bizdiki arqada bo’lardi. Hamma narsa o’zi sekin-sekin joyida bo’lardi.

-Endi mana o’sha paytda bir ko’nglingizga kelmadimi, chetda, xorijda yashayotgan o’zbeklardan ba’zi biri, masalan Boymirza Hayitga o’xshaganlarini vatanga qaytarish, o’sha yerga olib kelish, shu masalalarni biror marta bir Karimovni oldiga qo’ysam, degan bir narsa xayolingizga kelmadimi shu yillarda?

-Man u vaqtdaki… U kishi borganda man yo’q edim O’zbekistonda.

-Bu kishini quvib chiqarganlaridan xabaringiz bormi O’zbekistondan?

-Eshitganman. Sababi nimaydi, bilmayman nimagaligini.

– Mana bugun, hozir shu odam juda qattiq kasal yotibti, to’shakda…

-Kim?

-Boymirza Hayit. Yurolmaydigan bir sharoitda yotibdi. Lekin orzusi – vatanga qaytish. Nima tilagingiz bor?

-Xudovand sihatini yaxshi qilsin. Eshitganimga binoan Boymirza Hayit hayotida hech kim qilmagan bir xizmatni qilgan, O’zbakistton tarixini yozgan shu kishi. Shuni uchun biz bu odamni qadrlaymiz. Chet eldagi tamom shu o’zbek olimlarini hammasini qadrlaymiz.

-Aytishadiki o’zbek eridan, makonidan ayrilishi nihoyatda qiyin deb. Ilgari juda oz odam chiqib ketgan O’zbekistondan. Mana sizlarning paytlaringizda shu ruslar zug’umi bilan chiqib ketishgan. Lekin mana bugun, masalan, Amerika muhojirlar tashkilotining raqamlariga qaraydigan bo’lsak, birgina 2002 yilning o’zida bitta Amerikaning o’zidan qariyb 300 kishi boshpana olibdi. Bu faqat siyosiy boshpana olganlar. Demak, juda ko’p odamlar O’zbekistonni tashlab chiqib ketayaptilar. Bunga nima sabab?

-Endi uka, O’zbekistonni kelajagi buyuk davlat, deb xalq aldanib qoldi. U-ku palon paytda chiqqan. Lekin butun dunyodan, endi aytishim yaxshi emas, hammamiz navoz qilamiz, ko’p ayollar ham chiqib ketgan. Buni o’zinglar yaxshiroq bilasizlar. Endi qayerdadir inson ozod hayot o’tkazish uchun harakat qilishi kerakda. Endi man bunga bir narsa deyolmayman.

-Xalq orasida ba’zi gaplar bor-da, shularga ham men sizdan javob olmoqchiman, chunki siz nimaiki bo’lsa ham baribir saroydan uzoqlashdim, keyinchalik deyapsiz, baribir dastlabki yillarda o’sha saroydagi vaziyatdan ham xabaringiz bor deb o’ylayman. O’sha odamlar aytishadiki, O’zbekistonda Islom Karimov saroyida Amir Olimxonni saroyidagi kabi bir vaziyat bor. Ya’ni o’sha aysh-ishrat masalalarida… Shu haqda biror narsa eshitganmisiz, yo guvoh bo’lganmisiz?

-Man sizga aytdim-ku, shu o’n yil shu odam bilan man… Biror bir marta shu uyiga borganim yo’q umuman. Unda ham ba’zi bir tug’ilgan…nevaralarimni tug’ilgani munosabati uchun borganman. O’zini tug’ilgan kuniga ham man borganim yo’q.

-Hadya ham berganingiz yo’qmi?

-Hech narsa berganim yo’q. Hech narsa olganim ham yo’q.

-Lekin xalq orasida million-million dollarlarni Maqsudiy o’sha paytda Karimovga bergan, Karimov nomidan chet ellarga qo’ygan degan gap bor…

-Buni man bilmayman. Mumkin… Buni o’zingiz surishtiring. Man bir pul ham berganim yo’q Karimovga… Man umrimda birovdan pul ham olganim yo’q, birovga pul ham berganim yo’q shu ishdi bitkazish uchun.

-Maqsudiy janoblari mana savollarimizga harholda ozmi-ko’pmi javob berdingiz. Radiotinglovchilarimiz nomidan minnaddorchilik bildiramiz. Lekin siz o’zingiz “Man qarzdorman, kelgusida ko’p narsalarni aytaman”, dedingiz va biz kelgusida mana shu saltanat sirlarini baribir sizdan bilish umidi bilan suhbatga nuqta qo’yamiz.

-Bo’pti, rahmat.

MANSUR MAQSUDIY BILAN SUHBAT

Demak, navbatdagi savolomiz O’zbekiston prezidentining sobiq kuyovi va “Interpol” tomonidan qidiruvga qo’yilgan Mansur Maqsudiyga.

-Sizga shunday savol bor…O’zbekiston hukumati sizni, otangizni va akangizni jinoyatchi deb hisoblab “Interpol”ga berdi. Aytiladiki ular ko’p vaqt davomida soliqlar to’lamagan, boshqa ishlar bilan shug’ullangan, jumladan Amerikani o’zida ham shunaqa ishlar bilan shug’ullangan. Biz Amerikaga murojaat qildik bu haqda, deyilgan. Mana shunga bir ikki og’iz munosabatingizni bilmoqchi edik.

-Bu hammasi tuhmatlar. Keyin men hammasiga javob beraman. Men hozir tamom tuhmatlar uchun ikki og’iz – uch og’iz gapirsam to’g’ri kelmaydi. Nima uchun? Man gaplashganimda hamma narsani gaplashaman. Shu 91-yildan to 2001-yilgacha. Mana hamma keyin yaxshi tushunadi. Xalq ham yaxshi biladi va men kim edim, men qanaqa inson edim va Karimovni oilasi qanaqa edi?

Ayni vaqtda men o’zimni ishlarim uchun gaplashmayman. Hamma xalqqa ko’rsataman, bu Karimovni oilasi qanaqa oila edi. Xalqni sevarmidi, sevmas edi? Shulardi keyin mana ikki hafta, uch haftadan keyin siz bilan gaplashaman, bu meni qarzim sizga.

Nima uchun? Shu ikki hafta, uch haftani ichida bitta katta eng obro’li gazetalardan birida bu narsalar yozilib chiqadi. Shundan keyin men siz bilan hamma savollaringizga javob beraman. Yana bir narsani aytay shu “Interpol”ni narsasi… Shu bizni qidirishayapti. Biz shu, man, akam, dadam xohlagan mamlakatimizda yuribmiz. Mana Ovrupaga boramizmi, Osiyoga boramizmi, hamma joyga borib kelayapmiz. Bu agar qidirish bo’lsa, bizdi olib O’zbekistonga beradigan bo’lsa ololardi. Bular biladi-ki, vaqtincha sistemaga kirgan… Nima uchun …tuhmat. Ammo bu narsa ham olib tashlanadi. Hozir “Interpol”ga Gulnorani qo’yishadi. Gulnora hozir o’zi tamom ikki joyda yuripti, O’zbekistonda va Russiyada. Shu joyi ham kamayib qolayapti. Shulardi hammasini man… ikki-uch haftani o’rtasida hamma savollaringizga javob beraman va hamma narsani ochiq gaplashaman.

23.GULONARANING DAFTARI

Abdurauf Maqsudiydan keyin Gulnora Karimovaning  hisobchisi bo’lgan Farhod Inog’omboev bilan suhbatlashdim. Quyida 2003 yilning 11-17 avgust kunlari  “Amerika ovozi”da efirga uzatilganga mazkur suhbatning aynan matnini keltiraman…

-Avvalo bir o’zingizni tanishtirsangiz!?

-Mani ismim Farhod Inagambaev, Farhod Muhammadrahimovich.Dadamning ismlari Muhammadrahim. Toshkent shahrida tug’ilganman.Hozir mana Amerikadaman.

-Amerikaga qanday kelib qoldingiz?

-Agar manam bir tariximni aytib beradigan bo’lsam , bu anaqa, eshittirishga sig’masa kerak.Lekin qisqacha aytib o’tsam.

Man 94 yillarda Maqsudiy oilasi bilan ishlashni boshlaganman Toshkentda. “Rost Treding” degan shirkat bilan.Shu 2001 yilga qadar ishlab kelganman. Oxirgi ish joyim Dubayda bo’lgan. Birinchi, Iyul-avgust oylarida mana shu ajralish (Gulnora va Mansur Maqsudiyning ajralishini nazarda tutmoqda-J.M) e’lon qilingandan keyin Toshkentga Maqsudiyga qarashli shirkatga ko’p nimala ko’rsatildi.Nima deydi, davleniya, bosimlar. Har xil tazyiqlar ko’rsatildi.

U paytda mening katta akam Umidbek Toshkentda ishlardi.

2001 yilda men Dubaydda ishlayotganimda menga Toshkentdan telefon qigandilar. Birinchi, adam telefon qigandilar.Bu paytda men bilgandim Toshkentda nima bo’votganini…Firmaga SNB xodimlari kelib, tekshiruv organlari kelib bosim o’tkazvotganini eshitgan edim.O’sha paytda menga adam telefon qildilar va: “Farhod san tinchmisan, juda ham ehtiyot bo’lgin okangni, Umidbek okangni bugun SNBdan kelib olib ketishdi” dedilar.

SNBdan deganlarmi, MVDdan deganlarmi ish qib olib ketishdi deganlar.”San ehtiyot bo’lgin” deb qo’yib qo’yganlar.Bir paytdan keyin okam telefon qigan.O’sha SNB olib ketgan okam. Aytganlaki, “SNB olib ketmagan,SBP, prezidentni himoya qilish xavfsizlik xizmati tutib olib ketgan.Olib ketib men bilan gaplashtirgan.

Birinchi, Sergelidagi firmani nimasiga (ofisiga demoqchi-J.M.) kelib okamni so’rashibti.”Umid Inagambaev kim bo’ladi deb. Bo’lmasa o’sha paytda tekshiruv ketayotuvdi, SNB bor, nalogovoylar(soliqchilar-JM) bor.Prokuratura xodimlari bor.Lekin alohida oq “Neksiya”da kelib, okamni so’rabdi. Keyin okamni o’shatdagi pastdagi qorovul chaqirib beribdi.Hammani oldida kishan solib, cho’ntagidan kishan chiqarib, o’tir moshinaga, deb ob kyetibdi.Yo’lda innamabdi birinchi. Keyin oborib tushuntiribdi.”Qaragin, debdi, anaqa mana shunaqa bo’ldi”. Keyin okam bilan uchrashganimda tushuntirganla manga shunaqada degan.

“Ukam degan, ming afsus, bularni ajrashganiga.Manam kutmaganman bunaqa bo’lishini, lekin,bu SBPni gaplari, lekin shunaqa hayot bu, shuning uchun ham o’zing ham, u yoqda ukang ham bor,biza uni yaxshi bilamiza,san nima Amerikani fuqarosimisan,Amerikada million pullaring bormi, yoki Amerikada dodang bomi, tushundingmi, tushunvossanmi nimani gapirvomman”, degan.Okam “Yo’q, man sizni yaxshi tushunmayomman” degan.

“Hozir telefonni olasan, telefon qilasan, tezda o’tirib bu yoqqa kesin” deya qo’pol qilib aytgan.Bo’lmasa okang, o’zing ham bir sekund ham turmaysan, yo’q qilib yuboramiz,urug’-aymog’ing bilan yo’q qilib yuboramiz” degan.

Shunaqa, anaqa bilan aytgan.Lekin bu gaplarni gapirishdan oldin, “Ming afsus shunaqa bo’lib qoldi,” degan. Bu gapi bilan etmoqchi bo’lganki, majburlikdan, bu bizani burchimiz,bizani ishimiz, bizaga shunaqa buyruq berishgan, shunaqa qilishimiz kerak,ukang ham shuning uchun anaqa qilsin” degan.

Keyin o’shanda bu 2001-yil avgustining boshlarida edi, okam telefon qiganla Dubayga. Man o’sha paytda xavotir edim. Chunki, bundan oldin adam telefon qigan edilar.O’zimni qo’yishga joy topolmay ishim xayolimdan chiqib ketgan.Okam telefon qilganlaridan keyin ovozlaridan sezganman, bunaqa hech qachon gapirmaganla.”Farhod bu yoqda mana odamla o’tirishibdi” deganla. Keyin orqada man eshitvotuvdim odamlani gapi…”kelishing kerak, kelmasang bo’lmaydi” deganla.”Manga, adamga chatoq bo’ladi” deganla. Keyin mani xayolim anaqa bo’gan.

O’zingiz ham bilasiz, bu og’ir narsa, oilangizga u yoqda qanaqadir bosim bo’lsa,fikringiz, xayolingiz o’shanda bo’ladi. Keyin uyga kelib turmush o’rtog’im bilan maslahatlashganman, nima qilamiz, deganman. Bormasak tinch qo’yishmaydi.Chunki u paytgacha men Dubayda ikki yildan buyon ishlayotgandim. Ikki yildan buyon O’zbekistondan tashqarida yashab xohlanngki, xohlamangki, internetlarga kirib, xabarla, yangiliklarni ko’rib, O’zbekiston to’g’risida bir nimalarni ko’rib odam tabiiy O’zbekistonda nima bo’votti, bir mustaqil xabarlarni ko’rgingiz keladi. Men 2001 yilgacha muxolifat nimalarini ko’p o’qiganman. U payt hech bir ishongim kelmasdi. Haqiqatda ham bizada O’zbekistonda shunaqa narsalar qiladimi? Odamni ob kelib bekordan-bekorga, cho’ntagiga narsa tiqib qo’yib,qila olarmikan? 2001 yilda mani xayolimga azgina bo’lsa ham bir tasavvur bor edi O’zbekiston haqida.O’shani o’ylab man chuda ham qo’rqib keyganman. Keyin biza qaror qilganmiz nima bo’lsa bo’ldi endi, buyog’iga peshana deb toshkentga boradigan bo’ldik.Sentyabrga qomasdan toshkentga uchib ketdik.Tezda Dubaydagi rahbariyatga, hamkasblarimga xabar berganman.Ula tushunishgan mani sharoitimni.Chunki man juda ham xavotir bo’ganman oilam bo’yicha.

Kelganimdan keyin manga Gulnorani yaqin dugonasi, Gulnorani qo’l ostida ishlovchi bir xodimi bor edi, uni otini aytmayman, chunki u odam hali ham o’shatda.

-Gulnora deyapsiz, Gulnorani qanchalik yaqin taniysiz?

-Gulnorani man 2001 yildan oldin Toshkentda ishlaganimda ham ko’rganman.Toshkentda ko’rganimda hech bir muloqot bo’lmagan.Kompaniyaning biror bir tadbirlarida ko’rardim.Partilarda (ziyofatlarda demoqchi-J.M.) deydimi ana shunaqalarda ko’rardim.Lekin oxirgi payt 99 yildan boshlab man shu Dubayga ko’chib ishga kelganimdan keyin Gulnora, Mansur akam- sobiq Gulnorani turmush o’rtog’i, bolalari bilan tez-tez Dubayga yilda bir-ikki marta kelishardi.Kelishganda man ularni Dubayda kutib olardim.Mehmonxonaga joylashtirardim, ba’zilarda Gulnorani o’zini shaxsiy ishlari bilan , iltimoslari bilan o’zini qayoqqadir oborardim kerak joyiga.

-Shaxsiy ishlar,iltimoslar deyapsiz umumiy bolib qolmasin bir ikkita misollar keltirib o’ting.

-Masalan nima desa bo’ladi, Dubayga kelib bir qanaqadir do’konga borib o’ziga narsa olmoqchi yoki toshkentda uning shirkati bor edi, munga hali kelaman kechroq.Toshkentda yurg’izadigan shirkatiga masalan ba’zi narsalar mol-mulk , tovarlarni olishga Dubaydan topib berishga odam qidirgan.

-Masalan rus matbuotida chiqqan suhbatlarda Gulnora aytganki mana shu kolektsiyalar to’plashga qiziqardim ,masalan har hil toshlar… Dubaydan ham shunday narsalarni sotib olarmidi?

-Bu-chi, yana Jahongir aka, bu alohida bir katta nima toshlar sotib olishi u sizlarning matbuotlaringizda chiqqan maqola. Gulnora u bilan o’zini bir juda katta faoliyati.Dubayga ba’zi vaqtlari kelib man Gulnora bilan ishlaganimda chamodon-chamodon pul olib kelib tosh sotvolardi,oltin sotvolardi.lekin ko’pchilikka bu qanaqa qilib nima qilinardi,tavsiya qilinardi go’yoki u o’sha tilla narsalar dizayn qiladi ,lekin aslida bu ko’plar Dubayda nima qiladiganlar o’sha Dubay markazida “Gulsum” degan katta tilla bozor bor, o’sha joyda Gulnorani juda yaxshi bilishadi.

-Buncha chamodon-chamodon tilla va toshlarni nima qiladi?

-Buni, bilmadim. Masalan man o’zimam Toshkentdan birinchi marta kelganimda Gulnora bervorgan pullarni olib kelganman o’zim bilan birga. Naqd Amerika dollari.O’sha uchun nima bunga yana aytvonman Jahongir aka, alohida to’htalsa bo’ladi. Lekin sizga hozir aytvotgan nimalarim tasdiqlanishi uchun man o’zim mamlakatni tark etganimdan keyin majbur bo’ldim ko’p dalillarni o’zim bilan olib kelishga.O’zimni himoya qilish uchun.

-Dalillaringizga o’tmasdan bir savolim bor.”Novaya gazeta”da chiqqan maqolada sizni nomingizdan go’yo shu shirkat Maqsudiylarni shirkati, qalloblik bilan shug’ullanmoqda, deb sizni bayonot bergan degan gap bor.

-Bu gapga Jahongir aka, man o’sha aytganimday sentyabr oyida Toshkentga qaytib kelganimda Gulnora chaqirgan oldiga,oldiga oradan ikki-uch kundan keyin chaqirib bir yarim soat o’tirib gaplashgan man bilan. gaplashib ko’p narsalartni gapirgan,yig’lagan ozgina.Lekin manga shuni nima qilganki man bilan ishlaysan,man u majlisga kirishimdan oldin ham atrofidagi Gulnorani yordamchilari…

-Sizga nima uchun yig’laydi?

-Nima desa bo’ladi, man uni Dubayda ko’rganmanu uch-to’rt marta kelganida.U payt sobiq turmush o’rtog’lari bilan kelardi.U payt Gulnorani boshqacha ko’rganman.Endi bu gal o’zini boshqacha ko’rsatish uchun nima desa bo’ladi,yig’lagani nima bu odam juda ko’p artistik qobiliyatga ega odamni miyyasini nima qilish uchun tassuroot ko’rsatish uchun,o’zini bechora qilib ko’rsatib ko’rdi, boshida gapni shunaqadan boshladi.Man bechoraman man unaqa qildim,bunaqa qildim lekin sekin-sekin bir yarim soatni davomi ichida keyin gapini oxiri nima bilan tugadi “mani dadam aytdiki men uni bilsam o’zim uni so’yaman” degan ekan.

-Men bir oz tushunmadim aniqroq qilib ayting kimni so’ymoqchi bo’lgan.

-Gulnorani sobiq turmush o’rto’lari Mansur Maqsudiyni o’sha uchun ham yig’lab gapirdi deganim boshida gapini yig’i bilan boshladi,lekin oxirini bir nimalar bilan tugatdi manga shu tassurot ko’rsatdi manga so’zini oxirida aytdiki,mana endi sanam kelding manashu erda islaysan yahshi bo’ldi dedi. Keyin manga atrofidagilar aytishdi agar Farhod buyog’ini ehtiyot qilgin nazari tushib qoldi,endi qiyin bo’ladi,gapiga juda ham ehtiyot bo’lgin nima qilishdi.Keyin man kelganimdan keyin bir haftalardan keyinmi…

-Kelganingizdan keyin davom yettiramiz.Shu o’rinda tinlovchida bir savol tug’iladi.Atrofidagilar, deyapsiz nima uchun uning atrofida maxsus muhit bormi? U endi Tashqi ishlar vazirligida ishlasa, sakkiz soat ishga borib keladimi yoki bir boshqa ishlar bilan shug’ullanadimi yo uning atrofida qandaydir guruhlar yuradimi?

-Atrofida deganimda bu asosan tijorat faoliyatidagi o’zini shirkatidagi yaqin o’rtoqlari hamda doimiy oldida yuradigan o’sha bank hodimlari. Man kelib hayron qolganman,man ham oldin eshitganman tashqi ishlar vazirli gida ishlashini.Lekin 2001 yil sentyabr-oktyabrlardan boshlab doimiy Gulnora ni oldida ishladim.Kun tartibini man juda yahshi bilaman.Tashqi ishlar vazirligida hech bir ko’rmaganmanam,eshitmaganam.U yoqqa borganini bir ishlar qilganini asosan nima bilan o’zini tijoriy ishlari bilan band bo’lardi.Chunki 2001 yildan boshlab uni faoliyati shirkatlarni faoliyati juda ham har hil sohalarga o’tib ketdi.Restoran,diskoteka,jurnal,studiya, uyali aloqa telefon kompaniyasi tilla buyumlar bo’yicha yo’nalishga o’tib ketdi.

-Keladigan pullar qayoqqa ketardi?

-Keladigan pullar asosan…. 2001 yilda bular ajrashgandan keyin Gulnora o’zini nimalari bo’yicha juda ehtiyotli bo’lib nima qildi.Mandan biroz maslahat so’ragani, endi man uch-to’rt yillik xalqaro tajribam bo’lganligi uchun , chetdan banklar bilan aloqam bo’lganligi uchun , mandan birinchi bo’lib so’ragan narsasi qatdan bank hisoboti ochsam bo’ladi… Chunki manga hozir Evropada qiyin bo’votdi, mani o’tta nima qilishvotti ,deya so’radi, keyin man…

-Ehtiyot bo’lishi nimadan, otasidan qo’rqishidanmi, yoki Amerikada sud bo’lib chetga chiqa olmasligidanmi, nimadan?

-Birinchi bo’lib man o’ylayman shu oilasini nimasi ko’proq shu jamoatchilikka tarqalgani, ikkinchidan 11 sentyabr o’sha paytga to’g’ri kelib qolgan edi Amerikada portlashla bo’lib… Xabaringiz bo’lsa o’sha 11 sentyabrdan keyin bank sohasida, moliya sohasida ham butun dunyoda nazorat kuchaydi. O’shani uchun biror dalilsiz , asossiz kelgan kotta miqdordagi pullaga nazorat tashlandi. Ayniqsa Evropa va Amerika nimalarida (banklarida demoqchi-J.M.). O’shani uchun buni ham bir ta’siri kotta bo’ldi.O’shani uchun ham sal manashu qiyinchiliklardan so’ng Gulnora xavotirga tushdi. Keyin yana O’zbekistondan hech bir asossiz, hujjatsiz keladigan kotta miqdordagi nimala, summala, raqamla. Mana masalan man sizni nimangizga ob keldim , mana ko’rvossiz, “Siti bank”da Gulnora Karimovaning hisoblaridan biri 7 million dollar.

-”Siti bank”dan qanday qilib sizni qo’lingizga kelishi mumkin?

-Boshida aytgan nimam bo’yicha, 2001 yilda mani chaqirtirib, mani o’ziga ishga olishga maqsadi, mani Dubayda ozgina ishlagan tajribamni inobatga olib, o’ziga ishga olib mani, Dubaydan o’ziga shirkatlar ochishga mandan iltimos qildi. Ularni iltimosi o’zingiz bilsangiz kerak qanaqa. O’shani uchun man majbur bo’ldim, chunki garovda mani oilam qoldi u yoqda. Ota-onam, ikkita oka-ukam, xotinim, qizim, bolalarim…Shunday qilib 2001 yilning sentyabr-oktyabr oylaridan boshlab, man nima desam bo’ladi, man moliya masalalari bo’yicha maslahatchisi bo’ldim. O’shanda u Dubayda ochgan firmasiga mani generalniy direktir , vitse prezident qilib qo’ydi, mani qo’llarimni tasdiqlab…

-Asli moliyadan xabaringiz bormi, moliya sohasida o’qiganmisiz?

-Man o’zim Toshkent davlat Universitetida o’qiganman, “Roman –German” fakultetida.Keyin 96 –98 yillarda magistraturada o’qiganman, NBF faynayn bilan bog’liq magistrligim ham bor.Hamda man 97 yillari shirkat tomonidan, “Rost-trading” tomonidan Londonga o’qishga borganman. Londonda “ Shiller interneyshnl” yuniversitetida bir uch oy kurslarni o’tganman.

-Endi yana boyagi, kechirasiz, siz boshqa hujjatlaringizni varaqlaguncha, “Siti bank”da 7 million dollar deyapsiz, yana qaysi banklarda, qayerlarda pulini saqlaydi, ba’zilarni aytishi bo’yicha hozir Rossiyaga ko’chirayotgan emish.Yana ba’zilarni aytishi bo’yicha Buyuk Britaniyaning Tuma orollaridagi banklarda saqlagan emish.

-Mana Jahongir aka, endi banklar masalasiga kelsak, “Siti bank”dan tashqari man sizga aytdim hozirgi paytda bank faoliyati juda ham qattiq nazorat bo’lgani uchun man birinchi bo’lib unga ishga kelganimda u birinchi bo’lib gapirib berib nima qiganda mani xayollarim, nimalarim umuman boshqacha bo’lgan, man o’ylaganmanki, mayli peshonam ekan, mani bu yoqqa ob kevoldi, ishlatmoqchi, mani oldin ishlagan tajribam, biznes faoliyat, oddiy bir tijorat qilmoqchi , deb o’ylaganman. Lekin ishlaganim sari Jahongir aka, sochlarim tikka bo’lib ketardi… Boshida hisob ochganimda, firma ochganimda Gulnorani nomiga man o’ylaganman tijorat bilan shugullanadi.Chunki shu ham boshida kelishuv bo’gan, “Bo’ldi Farhod shu erda ishlaysan, o’zimiza mana shu erda tijorat qilamiza, manashu mamlakatda nima qilasan” deb manga shunaqa degan. Keyin oktyabrdan keyin firma ochilgandan keyin hech bir nimaga to’g’ri kelmaydigan… O’zim qo’rqib ketganman, chunki mani nomim litsenziyada, mana, shirkatni nimasida , mana sirkatni nomi “Privay xolding onlayne” nimasi, uchriditel, sohibi Gulnora Karimova mani boshqaruvchi qilib qo’ygan.Man birinchi kunning o’zidayoq kotta pullar kelganda judayam qo’rqib ketganman. Chunki xalqa bisnes, tijoratda moliyani tushunadigan odam… Bunaqa mumkin emas…Chunki bugun erta so’raladi, qattan u pul keldi, nima asosda? Hozirgi O’zbekistonni iqtisodiy sharoitini olsangiz 2001 yil aslida valyutaga, prezident Karimov ko’p marta chiqib aytadi, mana biz bunaqamiz, yoki banklar aytadi valyutamiz kam, biza o’zimiz nima qilishimiz kerak, deb .

Lekin shu vaqtda million-millionlab olib chiqib ketilgan pul, kimdir unga javob beradi.Man o’shandan keyin tuzoqqa tushganimni bilganman.Nima bu yaxshilik bilan tugamasligini. Chunki, o’shani uchun ham siz bergan boyagi savolga , qaysi banklarda nima qilgan deganingizga, bitta bankda bu pullarni nima qilish mumkin emas edi. Chunki bir xillari qabul qilmasdi. Mana manda xatla bor, mana “Siti bank” xat bergan manga, iltimos sizlardan kotta-kotta pullar kevotti, xavotirmiza… O’shani uchun ham mani Gulnora majbur qilgan unga boshqa banklardan hisobot ochish uchun.Mana masalan “Standart chorting” bank, Buyuk Britaniyaning taniqli banklaridan biri. Raqamlarni sizga radiodan hozir aytmayman, o’zingiz ko’rvossiz, bitta kelishda…

-Bullar dollarda kelganmi?

-Mana-mana hammasini o’zingiz ko’rvossiz, 4 uyul , a yo’g’, yo’g’, 6 aprel 2003 tushgan pullardan biri Gulnorani nomiga…Qattan kevotti? “Siti bankdan… Bankdan-bankka olib o’ynagan.Aqsh dollari hisobida. Mana ikkinchisi.”Ey chiz bi si” Buni ham bilsangiz kerak, eng taniqli banklardan dunyodagi. Bu yoqdan ham o’ziga hisobot ochgan. Endi bu yerda uzida “doktor Gulnora Karimova” deb ochtirgan.Mana bu yoqdagi hisobidagi balansini ham ko’rvossiz. Bu 14 martga qadar…

-Nima uchun bu yerga Islom Karimov deb yozilgan?

-Bu yoqqa nima desa bo’ladi? Islom Karimov… Karimov… Refrensmi…(Tavsiya qiluvchining nomi demoqchi-J.M.)

-Prezidentni qizi ekanligi bilinsin uchunmi?

(Kuladi)…

-Raqamlarni nima uchun radioga aytmayman deyapsiz?

-Aytaman, nega aytmayman?! Mana , masalan “Ey chiz bi si” bankida 14 mart 2003 yil datasi bilan bir million to’rt yuz ming AQSh dollari balansi… Ko’rvossiz-a!? “Standart cort”da balans emas, kelib tushgan pul haqida konfermeyshn, tasdiqlash xati deyiladi, shu kuni Gulnora Karimovani hisobiga 198 ming dollar kelib tushgan.Boya “Siti bank”dagi balansini man sizga ko’rsatdim, 7 million qanchadir…

-Bular endi qayerdan kelib tushgan?

-Jahongir aka, man sizga aytganimdek shirkatlarni shundoq qilib yasatganki, O’zbekistondagi faoliyatidan pullar qonuniy noqonuniy , lekin ko’plari noqonuniy , chunki buni finansiviy sxems, finansiviy piramida deyishadi ruslar…

-Ya’ni O’zbekistondan chiqib keladi…

-O’zbekistondan chiqib keladi to’ppa-to’gri. O’zbekistondan kotta davlat tashkilotlaridan, dovlatni sherikchiligi bor tashkilotlardan, yana har xil noqonuniy yo’l bilan olib kelib O’zbekistonga soliqsiz, tamojniyaning nazoratisiz kirib kelgan mollardan, jumladan shakar sovda –sotig’idan kelib tushgan pullarni dollarga aylantirilgan yoki… Ko’pincha uning toshkentdagi firmasi oldin uni nomi “Oas tos LTD” edi, masalan qanday qanaqa qiladi? Birinchidan “Oas tos LTD” umuman hamma O’zbekistondagi barcha soliqlardan ozod qilingan.Bu soliqdan ozod qilingan qaror Bosh vazir qarori bilan qo’l qo’yilgan.Bir necha yildan beri Gulnorani shaxsiy shirkati bilan tegishli qaror.O’sh qaror bilan Gulnorani shirkati, O’zbekistondagi shirkatlari bir tiyin soliq to’lamaydi, hech qanaqa.Chunki shirkatni nimasida , Ustavida yozilganki, bu shirkat dori-darmon olib kiradi O’zbekistonda, bolalar kiyim-kechagi, kienchalik ishlab chiqarish uchun bolalarni O’zbekiston bolalariga ishlab chiqarish uchun har xil uskunalar, oziq-ovqat ishlab chiqarish uchun, upakofka qilish uchun uskunalar olib kiriladi degan ko’p narsalar yozilgan. O’shani asos qilib.

-Mana shu kelayotgan pullar, chet ellardagi banklarga kelayotgan pullar, O’zbekistondan kelayapti dedingiz va ular soliqdan ozod qilingan, turli maqsadlar uchun degan bir narsani aytdingiz. Xo’p, bular uchun O’zbekistonga haqiqatdan ham o’sha soliqdan ozod qilinganda nazarda tutiladigan narsalar qaytib boradimi yoki yo’qmi?

-Yo’q, mana yana o’sha gaplarga qaytaman, ishlashni boshlaganimda man sizga aytganimdek, bu narsalarni ko’rsangiz odamni hech aqliga keladigan narsalar emas. Boshida o’shanda mani ko’zimga tushib qolgan qog’ozlardan, dakumentlardan biri shu bo’lganki , qandolat ishlab chqarish liniyasi deb, uskunasi deb… Qog’ozda masalan qandolat ishlab chiqarish uskunasi kontrakt qilingan .Tamojniyadan o’tgan. Rastamojit qilingan.Tashqi Iqtisodiy Aloqalar vazirligida registratsiyadan o’tgan.Lekin aslida shakar kirib kelgan.Million-millionlik shakar kirib kegan, Uni na bir solig’i to’langan, na bir tamojniy zborlari to’langan…Uni naqd pulga… Endi o’zingiz bilasiz shakar strategik mahsulot, uni bozorga anaqa qolsa tez sotilib ketadi…Uni million-millionlaga sotilgan.Pulni , sotuvdan kelib tushgan pulni Gulnorani shirkati bonkka qo’ygan.keyin o’sha pulni nimani konvertatsiyasiga berilgan, uskuna uchun deb yozilgan. Ba’zi voqtlari uskuna uchun deb yozilardi, ba’zi voqtlari bolalar kiyim-kechaklari deb yozilardi.Ba’zi voqtlari dori-darmonlar keldi deb yozilardi.Aslida boshqa mahsulotlar, ko’pincha shakar ob kirib sotilardi. Lekin bulani pullari, so’movoy viruchkasi deyiladi, bonkka oborib topshirilib, keyin boyaki kontraklar, qalbaki kontraktlar orqali topshirilib, keyin bu pullar chiqib ketardi. Man bu narsani ko’rib qolganimda, birinchi ko’rganim oktyabr-noyabr oylarida 2001da…Chunki nima desa bo’ladi bi “Burningni tiqma bu ishga” deyishgan…

-Agar mabodo ertaga Gulnora Karimova “ Mana men ham intervyu berishga tayyorman” desa, yuziga qarab shu narsalarni aytishingiz mumkinmi?

-Aytolaman, lekin O’zbekistondamas. Chunki o’zingizam, mana Jahongir aka, o’zingiz ham bilasiz… Boyagi bergan savolingiz bo’yicha, rus gazetasi “Novaya gazeta”da mani gaplarimni yozib chiqarishgan, man ularga hech qanaqa gap gapirmaganman.Rus gazetasiga hech qanday intervyu bermaganman.

-Lekin u erda yozma bayonot deyapti…

-Yo’q… Man bayonotga qo’l qo’yganman. Qo’l qo’yganman… O’zingiz yaxshi bilasiz, O’zbekistonda qanaqa. Ertaga agar borib, oilangizni uyoqda nima qip turib, tepangizda agar SBPni yoki SNBni ofitseri tepangizda turib, mana buni qo’l qo’yib yubor desa, kerak bo’lsa “Man hayvonman” degan bayonotga ham qo’l qo’yoladi odam O’zbekistonda. Chunki shunchalik anaqaga ob kep qo’yilgan odam.

Bu narsaga nafaqat man qo’l qo’yganman, balki ko’pgina toshkentda qop ketgan, oldingi, ilgarigi “Rost trening”da ishlagan, yoki Maqsudiy oilasiga tegishli firmadami, shirkatdami ishlagan ko’plaga zaruran qo’l qo’ydirgan. Chunki, bu narsa tabiiy, odam nima desa bo’ladi, u yoqdagi odamlar hammasi oilasini uylaydi, hammasi o’zini bolalarini o’ylaydi, ota-onasini o’ylaydi. Chunki, misol uchun sizni keltiraman, Gulnorada bir Jamshid degan yigit ishlardi. U yigit bir olti-yetti yildan beri ishlardi.Bir restaranimi, kafesinimi menedjeriydi.

Shu bir to’qnashuv bo’p qopti og’zaki… Gulnora uni nazariga ogan…Ko’ziga yomon ko’rinib qogan. Bir haftaga qomasdan qamab yuborishdi. Qamaganda ham na MVD na UVD na SNB uni qo’lga oldi. Kim qo’lga oldi uni? Kim qo’liga kishan soldi – SBP soldi.Prezidentning Xavfsizlik xizmati. Ishlavotgan joyga kelib, xuddi terrorchi ushaganday qilib, ob ketishdi anaqa qilib de. Hammaga bu nima desa bo’ladi, saboqday. Gulnora bilan anaqa qigan, gap talashgani uchun.

Mana ikki haftaga qoldirmasdan u bolani, mani eshitishimcha, chunki buni aniq tasdiqlay olmayman, buni so’rab-surishtirishga u yoqda hamma qo’rqadi, sakkiz yilga qamab yuborishdi u bolani.Bu bitta misol. Ikkinchi misol, Gulnorani o’zini yaqin dugonasi bo’gan Nilufar Sadriddinova degan. U oxirgi paytda 2001ga qadar Gulnorani o’sha toshkentdagi shirkatlarini birini bosh direktori bo’lib ishlab kelgan.

Gulnorani kichkina paytdan buyon birga maktabga, birga Universitetga borib yurgan dugonasi bo’gan. U gugonasi bilan gap talashib qolib, uni nafaqat ishdan bo’shatgan yana domashniy arest qilib qo’ydirgan.Yerga tegaman degan yaxshi ko’rgan yigitiga tegdirmagan. To’y qildirmagan.Keyin uni yigiti Amerikaga olib kelaman deganda pasportini qo’lidan olib qo’yishgan.

Uyiga borib yana o’sha SBP, prezidentni xavfsizlik xodimlari kelib, ota-onasi, o’ziga bosib o’tkazib, “Qizingiz hech qayoqqa chiqmasin,toshkentdan agar ketib qolsa, qarang, o’zingizdan ko’rasiz” degan.Bu mana sizga ikkinchi misol. Bunaqa misollar juda ham ko’p.O’shani uchun boyaki rus gazetasini yozishi bo’yicha unga qaytib kelarkanmiz, mani gaplarimni ular “Zayavleniy Farxad Inagambaeva “ deb yozgani bu mutlaqo… Mana tasavvur qiling, sizni oldingizga ikkita qog’oz ob kep qo’yishdi. Oldingizda ikkita SNB turibdi. Aytishvotti “Otang u yoqda ishlaydi, onang bu yoqda, bolalaring , xotining bor”… Qani siz yozmay qo’ying-chi shu narsani qanaqa ailishadi.

-Endi Gulnora masalasiga qaytadigan bo’lsak, Gulnorani mana shu hisoblari chet ellarda qaysi yillarda ochilib va gullab yashnagan payti qachon?

-Man oldingi yillarga bir narsa aytolmayman, chunki oldin man Gulnora bilan ishlamaganman. 2001 yildan boshlab to 2003 yil aprelga qadar man u bilan ishlab keldim.ikki yildan sal ortiq yilning ichida shu to’rtta –beshta bankda millionlab pul o’tdi.Bundan tashqari o’sha shirkatlar, o’sha hisoblar orqali o’ziga Maskvadan uy-joy sotib oldi. Ayniqsa nima desa bo’ladi, 2002 yilda xabaringiz bormi-yo’qmi bilmadim, bir yoz paytlari qattiq bir mish-mishlar bo’ldi toshkentda, adasini, otasini sog’lig’i yo’q, toshkentda bir gaplar bo’votti degan paytda, men bu haqda hech narsa aytolmayman, lekin, haqiqat shuki may oylarida mani Maskvaga jo’natib, o’shatta, Maskvada ham yordamchilari bor, o’shlar bilan birga unga uy-joy qaraganmiz. Keyin mayni oxirlarida o’zi ham kelib shu joyni tanlagan.Uch qavatli “Pen haus” deyiladi, Moskvani markazida, o’ziga uy-joy olgan.

-Qanchaga olgan uyni?

-Ikki millionga dollarga yaqin. Bir million sakkiz yuz ming qanchadir.Manda kontrak, orderni kopiyalari ham bor.Ikki ming dollar uyni o’zi hali nima qilinmagan, nima desa bo’ladi, o’zbekchafa suvog’i bitmagan uy deydi-yu, ana shunaqa.

-Bu hujjatlarni qanday qilib olib chiqib ketgansiz?

-Jahongir aka, mana boya boshlaganimday Gulnora bilan ishlagan sari 2001 yil boshlagan bo’lsam kunba-kun buni mana Xudo biladi, keyin xotinim biladi boshimdan nima o’tganini. Ota-onamga gapirib etmasdim, lekin mani nimamdan ular sezishardi nima kechirvotganimni.Ba’zi kunlari bo’lardi Jahongir aka, qandoq Gulnorani qo’lidan qutilishni bilmasdan, nafaqat man , balki mani kasbdoshlarim o’shatta qolib ketgan hozir ham Gulnorani qo’lida ishlavotgan, shunaqa bir beaql narsalar kelardi, shu Gulnorani qo’lidan qutilish uchun borib shu moshinada o’zingizni avariya qilishga…Shunaqa fikrlar kelardi. Shunda balki qutili qolarmidik. Chunki borgan sari botqoqqa kirgandan kirib ketovrardik. Chunki mana etganimday noqonuniy pul ob chiqish, uni nomiga o’tkazish…

Bundan tashqari Gulnorani Toshkentda kunba-kun, haftama-hafta dushmanlari ko’paygan. Endi bir kunmas-bir kun o’shanga bu javob beradi. Qonun oldida javob beradi, chunki qancha begunoh odamlarni uyini vayron qildi. Mani o’sha ikki yil ishlagan tajribamni ichida reket deydiyu, shunaqa tarzda pul oldi.Masalan shunaqa paytlar bo’lgan kimdir qaysidir tadbirkor uni oldiga kelib… Endi xal qanaqa deb o’ylaydi? Bu prezidentni qizi, podshoni qizi, qo’lidan ko’p narsa keladi, deb, qani bir iltimos narsa so’rab ko’rsam balki yordam beradi, deb o’ylashadi.Chunki ko’p kishilar uni qanaqaligini, haqiqattan qanaqa insonligini bilishmagan.O’sha paytlari bir tadbirkor kegan Gulnorani oldiga-dey… Gulnora ko’pincha moliyaga tegishli narsalarni manga yuklatib qo’yardi. Bu mani yanayam ko’proq xavotirga solardi.O’shanda bu tadbirkor Gulnoraga bir taklif bergan.O’shanda Gulnora o’sha taklifni qarab chiqqan.Keyin etgan “Bo’pti man uchrashaman shu bola bilan” degan. Uchrashgan o’sha bola bilan. U bola batafsil masalani tushuntirgan , anaqa qigan.Gap nima to’g’risidaydi? davlatga tegishli bir qolib ketgan, hech kimni nazoratida yo’q bir shirkatti privitatsiya, ya’ni xuxusiyalashtirish to’g’risida yordam so’ragan. O’shanda Gulnora etgan, bo’pti degan, manga mana shuncha berasan, degan. U bola rozi bo’gan.

Keyin bir hafta o’tmasdan mani chaqirgan Gulnora va yana bitta yordamchisini chaqirgan, “Anavu bolalarga etgin, o’sha pulni olib kelib bersin” degan. U bolaga borib etgandan keyin, u bola tadbirkor ekan, “Qanaqasiga pulni hozir beraman, Gulnorani o’sha narsani oxirigacha etqazmadi”… Gulnoraga keyin shundoq deb tushuntirganda “Yo’q “ degan. “Man bilan uchrashdimi, qani ob kelib qo’yib qo’ysin, ob kemay ko’rsinchi, man o’sha bolani yo’q qilib yuboraman” degan.”Toshkentni esidan chiqarib yuborsin, ketsin qaqqadir” degan. Biza mana shunaqa qilib boshimizani ushavolib, “Qanaqa qilib bu odamga tushuntiramiza, biza nima bir mafiyamizami, yoki reketmizami, qanaqa qilib u odamga etamiza, deb”… Shunaqa paytla bo’gan. U bola o’shani yarmini ob keb bergan. Uyini sotgan, o’sha bir shirkati bor edi, zavodi bor edi, zavodini ichidagi matereallarini sotgan, nimalarini sotgan, ob keb bergan o’shani yarmisini.

-Bu demak, bir voqeami, yoki shunaqa voqealar ko’p, tez-tez bo’lib turarmidi?

-Bunaqa voqealar tez-tez bo’lib turardi, Jahongir aka. Mana boyagi bergan savolingizga qanaqa qilib man ketdim, nimaga man ketdim? Bu narsalar o’sha 2001 yildan yig’ilib-yig’ilib…Man aqlimni qanday yig’ib ololmasdim, qanday qilib qutulib ketsamki, lekin ayni vaqtda mani oilam nima bo’lib qomasin, oilamga ta’siri o’tmasin, deb o’sha narsani o’ylaganman. Amerikani hukumati manga ancha ko’p yordam berdi mani masalam bo’yicha. Chunki man Gulnorani shirkatidan ketganimga mana uch-to’rt oy bo’ldi… Ketganimdan keyin u bilan telefonda bo’ttan, Amerikadan gaplashdim. Unga bildirdim ketganimni. Uni g’azabi keldi, buni kutgandim man. Keyin birinchi qilgan narsasi, shuni ham bilardim man, birinchi bo’lib oilamga yopishdi.Birinchi bo’lib ko’rdiki, man oilamni ob ketvoldim, xotinimni, bolalarimni ob ketdim, ota-onamni ham, oka-ukamni ham ob ketdim, chunki bilardim birinchi bo’lib ularga yopishadi. Ularni ketiga ham tushdi, qidirishni boshladi. O’shani uchun… Amerikani hukumati, yana bir tashkilotlar, jumladan, Human Rights Watch,(Inson Huquqlari bilan shug’ullanuvchi tashkilot-J.M.) BMTning Inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi komissiarligi ular manga juda katta yordam berishdi, oilamga kotta yordam berishdi. Lekin hali ham bo’lsaki mani O’zbekistonda qarindoshlarim qob ketdi. Uylarimizni zapechatit qildi, degan gaplar bo’ldi. Keyin u yoqda qandaydir tergov boshlagan.Man hozir aqlimga ham sig’dirolmayman, qanday qilib tergov boshlagan manga.Nima deydi, balki Farhod mani millionlarimni o’g’irladi, deydimi, yoki… Man hozir etgan gaplarim birinchidan man bilaman o’zimga qanaqa mas’uliyat oganimni. Chunki bunday qadam qo’yishimga, bu yoqqa kelib ishlarim mana shundoq bo’lib ketishiga ko’p o’yladim. Ko’p o’ylab, har taraflama, nima desa bo’ladi, vesit qildim taroziga solib… Oilamga qandoq bo’ladi… Bunaqa hayot bo’masdi. Etvomman-ku, bir kunmas-bir kun botqoqqa kirib-kirib ketvotgan bir narsa… O’shani uchun qancha ham qiyin bo’masin…

Mana ota-onamni yoshlari kotta. Qancha konkret bizga qiyin bo’masi, adamga-onamga qiyin bo’masin, xudoga shukur ota-onam mani tushunishdi… Haqiqat bu haqiqat Jahongir aka, erta-indin nomingiz nima bo’lib… Bu bizni oilamizga, bizani nomimizga hech to’g’ri kelmaydi, o’shani uchun mani bitta xavotirga soladigan narsa o’sha O’zbekistonda , vatanda qolib ketgan yaqin qarindosh-urug’larimiz, hamda mani hamkasblarim, o’rtoqlarim… Ba’zilari hali ham Gulnorani qo’lida.Chunki ularni imkoniyati yo’q.

-Endi har holda Gulnorani mana Amerikada sud bo’lgandan keyin qidiruv e’lon qilindi bolalari masalasida. Har holda kelajagi bir mavhum bo’lib qolayapti. Ertaga, masalan, bu hayot bu, masalan, prezident Karimov muddati bitib ketdi prezidentlikdan. O’zbekistonda ishlashi mumkinmi, yana shu faoliyatini davom yettirishi mumkinmi?

-Agar mani fikrimni so’rasangiz, shaxsan mani fikrim-mutlaqo yo’q. Chunki, ruschada bir so’z bor «Mnogo drov nalamala» deyiladi. Bu degani qilmishi haddan tashqari o’tib ketdi. Hattoki uni nafaqat uni yoqtirmaydigan ko’chadagi yoki tashqaridagi odamlar, hattoki o’zini atrofidagi, mayli man ularni otini aytmayman, hatto o’zini atrofidagi xavfsizlik idoralari deysizmi, ularni ham bir joyiga kelib qolgan bu narsa. Buni…

-Nima qilishi mumkin u holda?

-Tushunmadim savolingizga?!

-U holda nima qiladi? Qayerga bir joyga ketadimi yoki pullarni bir joyga to’playaptimi? Yo qochib ketadimi? Nima bo’ladi?

-Manchi Jahongir aka, shu narsani ko’p o’ylab hech bir aqlimga sig’maydi-da, chunki mani nazarimda qochib boradigan joyi yo’q. Mana Maskvani hozir tilga oldim, Maskvada anaqa o’ziga joy qivotti, o’ziga nom qivotti, deymiza, Maskvani o’zida baribir bilishadi uni kimligini, pullani nima qilib kevotganini. Man o’ylamayman Maskvada tinch hayot kechradi, deb.O’shanisiga man haligacha shu savolga javob berolmayman.Qanday o’ylaydi, o’zini keyingi hayotini qanday tasavvur qiladi?.. Chunki bu narsani neratsionalniy,biror bir logikasini o’ylamaydi.Shu kun bilan yashab o’tib ketaman, deb o’ylaydi. Chunki O’zbekistonda man sizga aytganimdek juda ko’p odamlar norozi. Juda ko’p odamlarni qaqshatgan. Uyini ob qo’ygan. Kimlarnidir ko’plarni qamoqqa ogan, pulini tortib ogan. Shirkatlarni tortib ogan. davlatni o’zini qancha pulini o’g’irlagan. Birinchi bo’lib dovlat uni, balki O’zbekistonda tuzum o’zgargandan keyin davlat undan so’raydi. Kelajakdagi keladigan hukumat uni so’roq qiladi.Chunki million-millionlab o’g’irlab ob chiqib ketilgan mamlakatdan.Mamlakat qashshoq, ochlik…Ayolla bozorda mardikorlik, fohishalik qivotgan bir paytda, endi man ruscha maktabda o’qiganman, yana bir ruscha so’z aytaman, «Pir vo vremeni chuma» deydi. Ya’ni bu degan gap «Vabo paytida to’y o’tkazish”. O’sha restoranla, klubla ochgan.Buni ko’pla biladi…

-Otasi bilan munosabatlari, xabaringiz bormi, qanday edi?

-Otasi bilan munosabatlari… Endi ba’zi bir suhbatlarda Gulnora tez-tez aytib turardi otasi bilan o’rtasidagi munosabatlarni. Mani bilishimcha otasi qizidan juda ham faxrlanadi.Judayam aqlli deb o’ylaydi. Endi bu Gulnorani gaplari qanchalik rost yo yolg’on. Juda ham o’ziga yuqori baho bergan. Otasi qiziga juda ham yuqori baho bergan. Chunki har taraflama rivojlangan deb o’ylaydi. Mana tijoratni ham oboradi, deb o’ylaydi. Siyosatni ham yaxshi tushunadi, bu yoqda ashula ham etadi, she’rlar ham yozadi. O’sha rus gazetasida o’qigansiz-u.Bu otasini nimasi…

-Ashulani qayerda aytadi?

-Ashulani, O’zbekistonda, Toshkentda «Pantera» degan bir studiya ochgan. darxonda, Toshkentning markazida bir binoni nimasini olishgan, nima desa bo’ladi, ko’p imperiyasi o’shatta joylashgan.Radio, jurnal, gazeta, yo gazetasi yo’q, studiyalari, restoranlari o’shatta joylashgan.O’shani uchun ko’pincha voqtini ha, ko’ngilli voqtini o’shatta o’tkazadi.Kechququngi voqtini ham o’shatta o’tkazadi. Bitta narsani qo’shimcha qilib ketmoqchiman shu nimani yakunlash uchun… Gulnoradan ketganim, vatandan ketganim, mana hozir rus gazetalarda yozib, mani nomim tilga olingani hammasi Gulnora tomonidan , uni xavfsizlik xizmati tomonidan uyushtirilgan nima… Chunki mani biladiganlar biladi O’zbekistonda ham, bo’tta ham. Gulnorani qandoq insonligini hamma biladi.Hamma biladi, hatto o’sha atrofida ishlab yurganlar ham biladi.

Tasavvur qilingki o’zini bolalarini, farzandlarini otasiga, qolaversa o’zini o’n yil turgan turmush o’rtog’iga o’lim nima qilgan… Boya aytmadim sizga, yanvar oyida, shu 2003 yilda Gulnorani chetda, Sharjida politsiya qo’lga ushlagan. Shu sud qarori bo’yicha, bolalani olib qochib ketgani bo’yicha. Gulnorani aeraportda ushashgan.U voqtda man oldida edim. Chunki ko’pincha chet elga chqsa mani oldida olib yurardi. O’shanda hech bir nimamdan chiqib ketmaydi shu taassurot…juda bir og’ir nima bo’gan. Tasavvur qilingki aeraportda chat el xavfsizlik xizmatlari tomonidan O’zbekistonning qizi, O’zbekistonning podshosining qizi, prezidentining qizi qo’lga tushdi.

Atrofidegi hech anaqalari ham, telexranitellari ham, soqchilari ham, yana o’sha paytda aeraportda O’zbekistonning vitse konsuli bor edi, «O’zbekiston havo yo’llari»ning bosh vakili bor edi o’sha mamlakatdagi, hech kim yordam berolmadi. Juda bir og’ir nima payt edi, yig’lab o’shanda onasiga telefon qigandi. Onasi, Tatyana Akbarovna bilan gaplashib… Unda yakshanba kechasi edi.

Yakshanba kechasi xavfsizlik xizmati xodimlari Gulnora bilan yuradigan, ular tabiiyki o’zlarini idorasiga telefon qilishni boshlashdi.Qiyin ahvolda qoganda, o’shanda shunaqa gaplarni aytdi…Jahongir aka, mana man nimaga aprelda keyin qochib keldim? Nima uchun man aprelda, shu yil qochishga qaror qildim Gulnoradan?..

O’sha voqea mani anaqamga kotta nuqta qo’ydi. O’zimga o’zim aytdim, yo’g’ dedim, nima bo’masa ham ketaman, dedim. O’shanda onasiga telefon qilganda, keyin xavfsizlik xizmatini boshlig’iga toshkentga telefon qiganda, etgan… Rus tilida endi yig’lab gapirganda, so’kib, nima qilib gapirganda etgan…

Bo’ldi, qachongacha anaqa qilasanla, qachon manga…va’da beruvdinla bu odamni yo’q qilib yuborishga…’ Ya’ni Mansur Maqsudiyni…Bilmayman, Olmaotadan yuborasanlami, Moskvadan yuborasanlami, lekin uchib kesin, manasu ikki kunda uchib kesin, bo’lmasa bular ketib qolishadi. Yo’q qivorlaring, manga va’da bergansanlaru’, deya do’q-po’pisa qigan. Biza eshitib bu narsalarni, qanaqasi… Kinoda ham eshitmaysiz bu narsalarni-dey. Judayam anaqa…

Hozir man to’g’ri so’zla ishlatib bu narsani tasvirlab bera olmayapman.Lekin hammamiza o’shanda manashundoq jim bop qoganmiza. O’shandan keyin… Keyin baribir qutilib chiqib ketgan. Aeraportdan ketgan. Aniq etolmayman qaysi yo’llar bilan ketganini.Lekin o’sha mamlakat nimalari uni chiqarib yuborishgan, samalyotga o’tirib ketgan.Lekin samalyot bir uch soatga to’xtatilgan edi, hamma odamlar to’planib nima qilib o’tirishgan. «Farhod, degan, qara degan ikki-uch kunlada odam keladi, sanga telefon qilishadi.Yordam bergin bulaga» degan. Ya’ni, odamla, o’sha ijrochila keladi, deb aytgan manga. Shu voqeadan keyin bu bir qattiq nima bo’lgan manga… Man undan keyin u bilan boshqa qolish istagim bo’lmagan.

-Rahmat suhbatingiz uchun!

24.OTASINING QIZI

O’zbekiston prezidenti Islom Karimovning qizi Gulnora Karimovaning Nyu Jersey shtati Oliy sudidagi mojarosi yana bir haqiqatni isbotladi. Bu esa O’zbekistonda qonunlar xalqqa boshqa va prezident oilasiga boshqa ekanligidir. Qolaversa, bu Konstitutsiyada “Prezident qonunlar kafolati” degan gapning O’zbekistonda puch ekanligini ham isbot etdi.

Ma’lumki, sud Gulnora Karimovaga bolalari Islom va Iymonni Amerikada istiqomat qiladigan otasi Mansur Maqsudiy bilan telefon orqali gaplashishlariga sharoit yaratishni buyurgandi.

9 yoshli Islom telefonda otasiga “Sen bilan gaplashmayman” degandan keyin sud bolaga tashqi ta’sir bo’lgan, deya videoga yozib olish sharti bilan qaytadan suhbat uyushtirishni buyurdi. Ammo Gulnora Karimova bu talabni ham inkor etdi. Sud “Agar bu talab bajarilmasa, Gulnora Karimovani qamoqqa olish haqida qaror chiqarishini” aytdi.

Shu orada bolaning ilgari ruhiy kasalliklar doktoriga ko’rsatilgani va uning ruhiy jihatdan davolangani ham kun tartibiga keldi.

Sudning talablari qanday bajarilayotgani, jumladan Karimovani qamoqqa olish borasidagi ogohi munosabati bilan ochilgan navbatdagi mahkama majlisida Gulnora Karimovaning advokati uning nomidan bayonot qilib, “malika”ning diplomatik daxlsizligi mavjudligini ilgari surdi.

O’zbekiston hukumati 1997 yilda unga diplomatik daxlsizlik haqqini bergan ekan. Har holda buni sirtdan Oliy Majlisdan ham o’tkazib qo’yishgan bo’lishsa ajablanadigan joyi yo’q. Chunki O’zbekistonda bo’lmaydigan ishning o’zi yo’q. Shu bois sud bu daxlsizlk nimadan iborat ekanligini o’rganish uchun mahkamani yana kechiktirdi.

Gulnora Karimova Amerikaga turmushga chiqqanda bu yerda doimiy yashash statusini olishi bilan Qo’shma Shtatlar qonunlariga bo’ysunish majburiyatini ham qabul qilgan. “Grinkard” olganda esa qonunlarga bo’ysunaman, deb qo’lini ko’tarib qasam ichgan.

AQShda prezidentning bolalari qonunni buzgan taqdirda, ayniqsa, fuqarolik qonunlari bilan ish ochilganda sudga bormasin, yoki sud qarori unga nisbatan qo’llanilmaydi, degan qoida yo’q.

Hatto bevosita daxlsizligi bo’lgan prezident va kongressmenlar ustidan ish ochilganda ham bu ma’lum davrga kechiktiriladi va daxlsizlk muddati tugashi bilan ish qayta ochiladi. Ya’ni qonundan qochish yo’q. Bu barcha demokratik davlatlarda, qonunlar hurmat qilinadigan joylarda ham shunday.

Hato Janubiy Koreyada prezidentning o’g’li ustidan ish ochilganda otasi xalqdan uzr so’radi va bolasi boshqalar kabi qonun oldida teng ekanligini aytdi.

Shunday ekan, Gulnora Karimovaning diplomatik daxlsizligi nimadan iboratligi tabiiyki nafaqat sudni, balki jamoatchilikni ham qiziqtirardi. Chunki, O’zbekistonda deputatlik daxlsizligi bo’la turib Shovruq Ro’zimurodov, Inomjon Tursunov, Samandar Qo’qonov va boshqalar qamoqqa olingani, bugunga qadar bu an’ana davom etayotgani misollari ko’p. Buni qonunlar shunday, oldin qamoqqa olib, keyin daxlsizlik bekor qilinadi, deb izohlab kelishadi.

Endi, agar prezidentning qizi daxlsizlik orqasiga bekinadigan bo’lsa, o’rtada ziddiyat kelib chiqmaydi-mi? Tabiiyki kelib chiqadi. Amerikada qasamga xiyonat etsa, O’zbekistonda qonunlarni bepisand qilsa va otasi qonunlar posboni bo’lsa, demak, xulosani o’zingiz chiqarib olavering.

1991 yilda Islom Karimov O’zbekistonni shaxsiy mulkiga aylantirib oldi, deya tanqid qilganimda, tanbeh berganlar ko’p bo’lgandi. Hayot ko’p narsani isbotlaydi, jumladan, gapim to’g’ri bo’lib chiqqanini o’tgan yillardagi va bugungi voqelikning o’zi isbotlab turibdi…

Nyu Jersey shtati Oliy sudi prezidentning qizi Gulnoraning diplomatik daxlsizligi borligini ro’kach qilganini o’rganib chiqib, vajni rad etdi va 9 yoshli Islom hamda 4 yoshli Iymonga otasi Mansur Maqsudiy egalik qilishi haqida qaror qildi. Ya’ni Gulnora Karimovani onalik huquqidan mahrum etdi. Bu esa AQShning barcha huquq tartibot organlari sudning qarori bajarilishi uchun birinchi galdagi imkoniyatdanoq foydalanib bolalarni otasiga qaytarishlari kerakligini anglatsada, bolalar hali ham “diplomat” Gulnorada.

Oliy sud mazkur masalaning moliyaviy jihatlarini ham ko’rib chiqdi. Islom Karimovning sobiq kuyovi Mansur Maqsudiy huquqiy xarajatlar uchun oldindan 80 ming dollar to’lagan va buning bir qismini Gulnora Karimova ko’tarishi kerakligi masalasida sudga murojaat qilgan. Sud Gulnora Karimova huquqiy xarajatlar, xalqaro ekspertlarga to’langan mablag’, qaydiyat masraflari hamda boshqa xarajatlar uchun darhol 50 ming dollardan ziyod pul to’lashi kerakligini qarorga bog’ladi.

Maqsudiyning advokati, Gulnora Karimovaning bu pulni darhol to’lamasligi uning mol-mulki yuzasidan hukm chiqarishga yo’l ochishini, Gulnoraning dunyoning juda ko’p joylarida, jumladan Shvetsariya va Kayman orollarida hisoblari, mol-mulki mavjudligini aytdi.

Shuningdek, Gulnora Karimova o’z advokatiga qo’shimcha ravishda 200 ming dollar to’lashi kerakligi ham ochilib qoldi.

Ajaralish mojarosi davomida bolalarning salomatligi diqqat markazida turdi. Gulnora Karimova bolalarni otasi bilan gaplashtirmagani haqida sudga yozgan izohotida o’g’li Islom ruhiy jihatdan sog’lom emasligi va uni ruhiy kasalliklar shifokoriga ko’rsatib turish kerakligini qayd etgan.

Bola ilgari otasi bilan gaplashgandan keyin yana ham og’ir vaziyatga tushgani aytildi. Shuningdek, Gulnora Karimova qizi Iymon ingliz tilida gaplashishni unutgani va Mansur o’zbek tilini bilmagani bois u bilan muloqot qilish imkoniga ega emasligini aytgan. Bu bahonalar sudda otaning foydasiga qaror chiqishiga sabab bo’lgan omillardan biri edi.

Xullas, O’zbekiston va Amerika orasidagi ajralish mojarosi Gulnora Karimovaning ketma-ket mag’lubiyatlari va prezident oilasining sirlari ochilishi bilan bilan davom etdi.

O’zbekiston prezidenti Islom Karimovning qizi Gulnora Karimovaning dunyoning juda ko’p mamlakatlarida hisob raqamlari borligi oshkor bo’ldi, dedik. Xo’sh, bu hisoblarda qancha mablag’ bor va bu pullar qayerdan topildiyu nega chet ellarga chiqib ketdi? Buning ustiga o’zbek podshosining qizi bo’lgan “malikai turondot”ning chet ellarda katta mol-mulki ham borligi aytilmoqda. Amerika mahkamasida aytilgan bu gaplarga nahotki O’zbekistonda munosabat bildiradigan kishi yo’q?

O’zbekning boyligi, o’zbekning puli shu qadar ham egasiz-mi? O’zini muxolifat deb yurganlar nega bu masaladan ko’z yumib kelmoqdalar? Nega bugun buni tinimsiz fosh qilish haqida o’ylamayaptilar? Agar biror-bir g’arb davlatida shunday voqea o’rtaga chiqsa, bu muxolifat uchun eng katta qurol bo’lishini biznikilar bilmaydilar-mi? Nega muxolifat maxsus bayonotlar bilan chiqmadi va nega o’zini mard hisoblagan deputatlar parlamentga so’rov kiritmadilar?

Savollar va savollar…

Dunyo matbuotida eng ko’p yoziladigan va eng ko’p o’qiladigan mavzulardan biri mamlakat rahbarlarining oilalari, yaqinlari bilan bog’liq xabar hamda maqolalardir. Ma’lumki, bu mavzu O’zbekistonda yopiq. Agar O’zbekistonda matbuot erkin bo’lganda  eng ko’p yozilgan va va eng ko’p o’qilgan xabar, maqolalardan biri prezident Karimovning qizi Gulnora Karimova bilan bog’liq bo’lgan bo’lur edi.

Aslida demokratik jamiyatlarda bu narsadan qo’rqilmaydi va buning siyosiy faoliyatga u qadar ta’siri ham yo’q. Siyosatchining oilasi va o’ziga ayri-ayri qarash shakllangan. Masalan, 2002 yil saylov arafasida prezident Bushning ukasi Florida shtatining gubernatori Jeb Bushning qizi narkotik iste’mol qilgani va uni davolanishga yuborishganda bosh tortgani uchun sud huzuriga olib chiqilgani nafaqat Amerikada, balki G’arb o’lkalarida juda ko’p yozildi. Ammo saylovda Bushning partiyasi g’olib chiqqani barobarida ukasi ham Florida gubernatorligiga qayta saylandi. Ya’ni qizi bilan bog’liq masalaning saylovga ta’siri bo’lgan emas.

Ammo odamlar qiziqqani uchun bu mavzu izchil yoritib borildi. Agar bu narsa yashirilsa va xalq mish-mishlar orqali buni eshitsa u holda saylovda jidiy to’siq tug’ilishi mumkin.

Demokratiya va oshkoralikning kuchi ana shunday holatlarda  ko’zga tashlanadi.

Lekin O’zbekistonda prezidentning qizi Amerikalik eridan ajralganda ham xalq bundan bexabar bo’ladi yoki xorijiy matbuotdan, bilganlardan eshitadi…

Gulnora va Mansur mojarosi davom etar ekan, sudning talabi bilan telefon so’zlashuvi tashkil qilinganda 9 yoshli Islom uzoq vaqt ko’rmagan va mehriga zor bo’lgan otasiga “Men sen bilan gaplashishni istamayman” deb javob beribdi. Sud bu ishga psixologni taklif qildi va videotasmaga yozish sharti bilan suhbat uyushtirishni buyurdi. Agar bu amalga oshmasa sud Gulnora Karimovani qamash va kuniga 500 dollardan jarima to’lashi haqida qarorga kelishini ma’lum qildi.

Amerika zehniyatida 9 yoshli bolaning bunday javob qilishini chetdan ta’sir yoki kasallik belgisi deb qarashadi. Xullas, nikohni Amerikada qilib, ajralishini O’zbekistonda hukmga bog’latgan Gulnora Karimova bilan bog’liq masalada sud unga yana muhlat tanidi.

Qiziq… Indoneziya prezidenti Megavati Sukarnoputrining 50 yoshli ukasi Muhammad Guruxning 23 yoshli O’zbek raqqosasi Sabina Guseynovaga uylangani haqida rosa yozildi. Masalan, butun boyliklarini oilasiga emas, millatiga me’ros qoldirgan prezident Sukarnoning o’zini muzika olamiga baxshida qilgan uncha boy bo’lmagan o’g’li o’zbek xotinidan besh bola istaganmish. Guruxning otasi Sukarnoning yettita xotini bo’lgan ekan. Muhammad Guruhning esa noyashirin 20 ga yaqin jazmani bor emish…

Bu haqda bot-bot yozildi ammo Gulnora masalasida o’zbek matbuotida jimlik…

Qachon O’zbekistonda Prezidentinining ham oilasi haqida hamma gaplar ochiq yoziladigan bo’lsa, demak o’shanda bu yurtga demokratiya oralabdi, deyish mumkin. Chunki bu demokratiyaning muhim uchqunidir. Ungacha esa “yopiq qozon”- kommunistik tizimning qoidalari hukmron bo’lib qolaveradi…

Gulnora Karimovaning sud mojarosi bitgan emasligini aygandik.

2002 yilning 27 Noyabr kunidagi mahkamada Nyu Jersey Shtatining Oliy sudi Gulnora Karimovaning diplomatik daxlsizligi haqidagi da’vosini inobatga olmadi va u Amerikada bu yerning barcha qonun-qoidalariga rioya qilish haqida qasamyod qilib, turmish o’rtog’i bilan doimiy istiqomat qiluvchi statusida yashagan, degan qarorga keldi.

Sud O’zbekistonning BMT qoshidagi vakilining Gulnora Karimova diplomatik daxlsizlik huquqiga ega, degan da’vosini (BMT qoshidagi vakilning bunday vakolatga ega bo’lib- bo’lmagani ham bir masala) rad etar ekan, agar shunday bo’lganda bu AQSh davlat departamenti tomonidan rasman tasdiqlanishi kerak edi, dedi.

Nima bo’lganda ham 1991 yilda AQSh fuqarosi Mansur Maqsudiyga turmushga chiqqan va oradan o’n yil o’tib ajralish qarorini o’zi nikohdan o’tgan Amerikada emas, balki otasining vazifasidan foydalanib, g’ayriqonuniy ravishda Toshkentda rasmiylashtirgan Gulnora Karimova Nyu Jersey oliy sudining qarori bilan onalik huquqdan mahrum qilingani prezident oilasining parvoyiga ham kelmadi.

Bu O’zbekistonda qonunni chetlash, qonundan qochish, qonunni bepisand qilish nafaqat Islom Karimovning balki oilasining ham asosiy “fazilati”ga aylanganiga yana bir dalildir.

25. SHOVRUQ RO’ZIMURODOV

1990 yilning 24 mart kuni O’zbekiston Oliy kengashi to’qqizinchi chaqiriq birinchi sessiyasida Prezidentlik lavozimi haqidagi qarorni qabul qilish va Karimovni saylash boshlanganda Shovruq so’z so’radi. Lekin do’ppini salla qilib ko’rsatish darajasida ustamon bo’lgan majlis raisi Mirzaolim Ibrohimov unga so’z bermadi. Shovruq o’rnidan turib gapira boshladi. Unga mikrofon kerak emas edi. Uning gurillagan tovushini majlislar zalining har joyidan ham eshitsa bo’lardi. Shovruq: “Men bu odamni Qashqdaryodan bilaman. Bu odam prezidentlikka loyiq emas. Agar prezident bo’lsa, hammangiz pushaymon bo’lib qolasiz hali…” dedi.

Shovruq qo’li bilan minbarga ishora qilib gapirar ekan, Karimov qizarib ketdi. Mikrofonnni jahl bilan oldiga tortdi. Lekin nimadir esiga tushgan kishidek yana mikrofonni raisning oldiga surdida “ Bas qiling maynavozchilikni” dedi.  Muzokaralar to’xtatilib, “bir ovozdan” prezidentlik lavozimi tashkil qilindi va “bir ovozdan” Karimov saylab yuborildi.

Iosif Stalin tarixni o’zi yozdirgani kabi qoldirishni istab guvohlarni yo’qotishga kirishganini bugun gapirishga hojat ham yo’q. Lekin tarixning u bekitgan sahifalari bugunga kelib ochildi. Stalin davrida o’ldirilganlar haqidagi malumotlarga qarasangiz, biriga “Qamoqda o’zini osdi”, boshqasiga “Miyasiga qon quyildi”, keyingisiga “Og’ir xastalikdan o’ldi” degan xulosalar qo’yilgan. Lekin ularni o’ldirishgandi…

Karimov o’zini kechirmasligini Shovruq yaxshi bilardi. Zotan deputatlar orasida kaltak birinchi bo’lib uning boshida sindi. Karimov 1990 yilning 24 mart kuni prezident bo’lgan bo’lsa, oradan bir oy ham o’tmay Shovruqni to’rtmi, beshmi bolasi bo’lgan bir ayolga uy olib berganlikda aybladi. Ya’ni deputat bunaqa ishlarga aralashmasligi kerak ekan.

Oliy kengash hay’ati uni qamashga sirtdan izn berib yuborganini eshitib, qo’mita raislariga norozilik bildirdik va masalani sessiyaga olib chiqajagimizni aytdik. Karimov Majlis raisiga “Uni olib kelib prezidumda muhokama qilib, deputatalikdan chiqaringlar, qolganlarga dars bo’lsin” deb aytibdi. Raisga “Bu gapimni ham ayt” degan bo’lsa kerakki u “Oqsoqol shunday dedilar” deb qo’rqmasdan aytgandi bu gapni.

Biz qo’mita raislari bilan bu qaqshatqich zulmning ilk odimi, uni to’xtatish qo’llaringizda, deb Shovruqni saqlab qolish masalasida  ko’p gaplashdik. Ular o’zlari bir narsa qila olmasliklarini, lekin bizlarni hay’at majlisiga kiritish uchun ovoz berajakalarini aytishdi. Qo’mita raislaridan, shoir Erkin Vohidov esa “Bizga oldindan qo’l qo’ydirib olishgan, muhokama qilish rasmiyatchilk, xolos, baribir bir narsaga erisha olmaysizlar”, deb hay’at majlisiga kiruvchilarning shahdini sindirdi. Bu masalani tortishib turganimizda mirshablar Shovruqni olib kelishdi.

U xalq tomonidan saylangan parlamentiga mirshablar qurshovida, qo’lida kishan bilan kelayotgan edi. Kiyimlari g’ijim. Soqoli o’sib ketgan. Ko’zlari cho’kkandi. Biz unga peshvoz chiqdik.

-Bularning kuchi etmadi. Olib kelgan yangi kiyimlarini ham kiymadim. Soqolimni olish haqidagi buyruqlarini ham bajarmadim,- dedi u.

Uni majlisga olib kirishdi. Mirshablarga topshiriq berib, hozir prezident kelajagini va ichkariga hech kim olinmasligini aytishdi. U paytda hali mirshablarning ko’zida bir oz bo’lsada qo’rquv bor edi. Bizning yo’limizni to’sa olmadilar. Ichkariga kirdik. Rais darhol majlisni to’xtatib, “Men pastga, prezidentni kutib olishga borayapman” deb chiqib ketdi. U ham, Prezident ham kelishmadi. Shovruqni esa olib ketishdi.

Biz masalani sessiyada ko’tardik. Kaminaning Shovruq haqida aytgan gaplarimni o’shanda ko’pchilik eshitgan. Sessiya majlisini televidenie orqali namoyish qilishga erishgandik. Bugun Shovruqni qamashgan bo’lishsa, ertaga navbat boshqalargaa kelishini, bugun kaltak, ertaga qamoq va indin o’ldirishgacha borib etishini, buni bugun to’xtatmasak, ertaga kech bo’lishini aytgandim. Quloq solgan kim? Ming afsuski to’xtata olmadik va kech bo’ldi.

Bugun Shovruqni… Shovruqlarni yo’qotib turibmiz…

Keyinchalik Shovruqning o’limi yuzasidan turli manbalar oqali surishtiruv o’tkazdim.

Unga ko’ra O’zbekiston Islomiy harakatini qo’llaganlardan biri Ibrohimbek “qo’rboshi”ning nevarasi, xorijda yashayotgan Hoji Jamshid Tilav o’g’li Azimiy qashdarayolik bo’lib, harakat uning istagi bilan shu zonalarga hujum qilishi mumkin, degan xabar olingan. Buning ustiga Qashqadaryoda “Hizbi Tahrir”ning faoliyati ham kuchaygan.

Karimov o’z maslahatchilaridan biriga topshiriq berib, Qashqadaryoda jiddiy tadbirlar olishni buyurgan. Ichki Ishlar vaziri Zokir Almatov darhol Qashqadaryoga yuborilgan. Qaytib kelgach, maslahatchi bilan birga vaziyat haqida hisobot tayyorlashgan.

Karimov Shovruqni yo’qotishni ham imo qilgani uchun hisobotda asosan u haqda so’z yuritishgan:

-Shovruq Surxondaryodagi ko’chmanlar bilan aloqaga kirgan. U erdagi gaplarni butun dunyoga ovoza qildi…

-Shovriq norasmiy mitinglar tashkillashtirgan…

-Shovruq “Hizbi Tahrirning varaqalarini kompyuterda yozib, ko’paytirib bermoqda…

-Shovruq Moskvadagi “Memorial”ga a’zo bo’lgan va bu tashkilotning rahbarlaridan biri Vitaliy Ponamarev O’zbekistonni yomonlab gapirayotgan hamma gaplarni u etkazib turibdi. Ponamarev O’zbekistonga kelganda ham u olib yurgan. Olmoniyaning “Fokus” jurnali muxbirlarini ham Surxondaryodagi lagerga u olib kirgan va hokazo.

Hisobotni o’qigan Karimov darhol Shovruqni ushlab kelishni va u bilan o’zi hisob-kitob qilishini aytgan. Zokir Almatov bu ishni asli qashqadaryolik bulgan polkovnik Mahmud Bekmurodovga topshirgan.

Shovruqni 2001 yilning 15 iyun kuni ko’chada ushlab, Toshkentga olib kelishar ekan, mahalliy mirshablarga “hujjatlarni” tug’rilab qo’yish buyurilgan. Mirshablar uning Yakkabog’ tumanining Olaqarg’a qishlog’idagi uyini bosishgan.

Manbaning aytishicha “xumordan chiqish” va taniganlarini do’pposlab kelish uchun Islom Karimov Ichki Ishlar vazirligining erto’lasiga borib turishini prezident devonidagilar yaxshi bilishar ekan.

Agar 1991 yilning kuzida Oliy Kengash raisi Shavkat YO’LDOSHEVni tepgani, o’shanda Savdo vaziri bo’lgan Mirabror Usmonovni urgani va Bosh vazir o’rinbosari Baxtiyor Hamidovni do’pposlaganini ko’rmaganimda bu gaplarga ishonmagan bo’lardim.

1993 yil 17 aprel kuni kaminani ushlab Samarqand viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i generel To’xtaevning xonasiga olib kelishganda avval prezident maslahatchisi Temur Alimov unga telefon qilib, ertalabgacha yo’qotish haqida buyruq berilganini aytgani, general vaqt so’ragandan keyin prezidentning o’zi telefon qilib baqirganiga guvoh bo’lmaganimda ham shubhaga borishim mumkin edi.

Buning ustiga ularning “Shovruq o’zini osib qo’ydi” degan bahonalari ham qing’r ishning qiyig’ini ko’rsatib turibdi. Shovruq o’zini osadigan darajada zaif emas edi. U ham jismonan, hamda ma’nan juda kuchli inson edi. Uning akasi Shavkat Ro’zimurodovning׃ “Ukaming vujudida zadalanmagan sog’ joyi qolmagandi” degan gaplari ham ko’p narsaning dalolati. Boshidagi jarohat izlari esa uning zulmga bo’ysunmagani belgisidir.

Shovruq zulmga bo’ysunmas va qo’rqmas edi. U hech kimdan, ayniqsa Karimovdan qo’rqmadi. Qo’rqoqlar kuchlari etmaganda yo tuhmatga boshlaydilar yoki jirkanch qiyofaga kirib nomardlik qiladilar.

Ana shunday nomardlik bois 2001 yilning 6 iyul kuni O’zbekiston Inson huquqlari jamiyatiyaning Qashqadaryo viloyat kengashi raisi, sobiq O’zbekiston Xalq deputati, “Birlik faoli” Shovruq Ro’zimurodov o’ldirildi.

O’zbekiston tarixidagi bu qora dog’ aslida Karimov tarixidagi qora dog’lardan biridir.

26.SAMANDAR

Islom Karimov juda ham qo’rqqan odamlardan biri Samandar Qo’qonovdir.

Samandar Qo’qonov asli forishlik. Otasi Sovet davrida tadbirkor bo’lgan. Bitta qo’yini ikkita qilgan va oxirida yuztaga etkazgan hamda “Bizning davrimizda boylar bo’lmasligi kerak” degan rejimning quvg’iniga uchragan oddiy cho’pon bo’lgan.

-Toshkentdan borib “Qo’ylaringiz qani?” deyishsa chorvasini Qozog’istonga haydab qo’ygan bo’lar, agar Qozoqlardan tekshiruvchi kelsa, qo’tonni Forish tomonda qurar, xullas o’z moliga o’zi xo’jayinlik qila olmas ekan,-deb hikoya qilgandi u otasi haqida.

Ammo otasining qo’ylari akasiga qolgan. Unga o’tgani esa tadbirkorlik, ishbilarmonlik. U Forishda bir hisobchiga yordamchi bo’lganida:

-Cho’tni bunchalik sekin ishlatmaydilar!-deb ketib qolganni aytgandi.

U o’shanda cho’tdagi toshlarni bittalab sanab o’tirgan odam hisobchi emas, balki cho’tning toshlarini sanashni barmoqlariga yuklagan va qaramasdan “cho’t uradigan” odam hisobchi bo’lishi kerakligini orzu qilgan.

Tadbirkorlik va ishbilarmonlik qonda bo’ladi, deganlari rost. U ko’p o’tmay shaharga ketadi va Gorbachevning qayta qurish yillarida zamonim keldi deb o’ylaydi. Toshkent viloyatining Chinoz tumanida joylashgan neftni qayta ishlash korxonasiga boshliq bo’lgandan keyin esa darhol ko’zga tashlanadi.

U birinchi bo’lib Kommunistik partiyaning korxonadigi boshlang’ich tashkilotini tarqatib yubordi. Bu butun Ittifoq bo’yicha shov-shuvga aylandi. Moskvadan Ichki ishlar vazirligining va KGBning harbiylashgan kuchlari Chinozga yuborildi va uning idorasini o’rab oldilar. Revizorlar ishga kirishib ketdilar. Tashqaridan kelganlar kiritilmas, ichkaridagilar chiqarilmas sharoit ekanini o’sha kezda bu yerga kirib olgan “Svoboda” radiosning muxbiri berib turgan xabarlardan eshitganmiz.

Olti oy qamal holida tekshiruv o’tkazilgan va jiddiy bir narsa topa olishmagandi. Keyin saylovlar boshlangach, tumanda yo’llarni qurib bergani, obodonlashtirish, gazlashtirish ishlariga bosh-qosh bo’lgani bois uni xalq deputatligiga nomzod qilib ko’rsatishgan.

O’zbekiston Kompartiyasi boshida turgan Islom Karimov darhol uni yomonotliq qilish kerak, deb ko’rsatma bergach, Toshkent viloyat gazetalarida u haqda fele’ton chop etiladi. Qo’yilgan ayb u kommunistik partiya boshlang’ich tashkilotini tarqatib yuborgani!

Karimov rejimi har qancha qarshilik qilmasin u deputatlikka saylanadi.

Birinchi sessiya tanaffusida novchadan kelgan, tovushi o’tkir bir kishi yaqinlashib:

-Jahongirsiz-a, men Samandarman,-dedi.

Gapning ochig’i uning idorasini olti oy tekshirib bir narsa topa olishmaganiga uncha ishonmagandim. Chunki bunday idoralar qabohat botqog’iga botgan va u erda ishlagan hamma odam o’g’irlik qilar edi. Benzin bor joyda o’g’irlik yo’q desangiz sizni anqov deb o’ylashardi. Shu bois bu odamga uncha ishonqiramay qaradim va bir kuni:

-Taqsir boshqa bir idoraga rahbar bo’lganingizda gapingizga ishonardim, lekin o’g’rixonada ishlaysiz-ku?!-dedim.

Uning jahli chiqdi. Ammo bildirmay, jilmaydi.

-Bo’ri esa ham, emasa ham og’zi qon ekan-da! O’g’ri bo’lganimda katta o’g’rilar bilan o’chakishib qolmagan, ularning partiyasiga qarshi chiqmagan bo’lardim. Yuring bir kun shu o’g’rixonaga olib boray, yo’lda borguncha va qaytib kelguncha ko’p gaplarni aytib beraman, ham odamlar bilan o’zingiz gaplashasiz,-dedi.

Men uchun qiziq edi. Buning ustiga Bosh prokuror Bo’ritosh Mustafoyev uning ustidan ish qo’zg’atish uchun Oliy majlisga talabnoma kiritgan va Karimov bizdan ana shu masalani qo’llashni so’ragandi.

Haqiqatdan ham bir kunda ko’p narsani o’rgandim. Uning idorasida odamlarga yaratilgan qulayliklar boshqa biror joyda yo’q edi. Saunalardan tortib, bepul sartarosh xizmatiga qadar…

Sartaroshchi bilan gaplashib qoldim. Nuroniy bir kishi. Toshkentda yashar va har kuni shuncha uzoq yo’lga qatnar ekan.

-Rashidovning sartaroshi edim. Karimovni ham yaxshi taniyman,-dedi u.- Hamma kattalar menda soch oldirar edilar. Rashidov go’ridan chiqarilgan paytda meni ham tergovga tortishdi va ishsiz, ko’chada qoldim. “Senga nima gap aytgandi” deb ko’p qiynashdi. Bir kuni bir mulla yigit meni Samandar ukamizning yoniga boshlab keldi. U menga yaxshigina maosh tayinladi va istagan kunlarim kelib, odamlarga bepul xizmat qilishga buyurdi. Idoramizni o’rab olgan kunlari Karimov meni bu yerdan olib, o’z idorasiga qaytarmoqchi bo’ldi, ammo bormadim…

Keyin Karimovning “o’ng qo’li” bo’lgan Zelemxon Haydarovga bu gapni eslatganimda:

-Agar shu odamni javob berganda ishi yopilib ketgan bo’lardi. Islom akamning juda jahllari chiqdi va “Qo’qonovni qamoqda chiritaman”, deb aytdilar. Hali ham bir gaplashing, shu odamga javob bersin,-dedi.

Samandar akaga bu gapni aytdim. Avval ranjidi. Chunki xabari yo’q ekan. Sartarosh uyiga telefon qilgan odamlar haqida va taklif borasida unga hech narsa demasdan rad javobi qilgan ekan.

Keyin birdan Samandar akaning yuzi yorishdi va:

-Oddiy odam bo’lsa ham juda mard ekan,-dedi sartarosh haqida.

Uning ishxonasida asosan yoshlar ishlar va ko’pchiligi machitga qatnar, namozxon yigitlar ekan.

-Bir kuni shuni ham sizga ayb qilishlari mumkin, u dindorlar tashkiloti qurib olgan deyishlari mumkin,-dedim unga.

-Siz aytgan kabi bizning idoraning nomi o’g’rixona bo’lib tanilgan, bu yerda ishlagan hamma o’g’rilik qiladi, deb o’ylashadi. Shunday ham bo’lgan. Ammo men bolalarga birortang ham xalq mulkiga ko’z tikmaysan, deganman, buning ustiga ular namozxon bo’lishgani uchun Xudodan qo’rqishadi va yulg’ichlik qilishmaydi. Ammo ulardan radikal dindorlar chiqmaydi,-dedi,- ular aqli-hushi joyida, past balandni tushunadigan yigitlar.

-Agar yulg’ichlik bo’lmasa odamlarga bu qadar ko’p maoshni qayerdan berayapsiz? Buncha sharoitlar qayerdan?-deb so’radim.

-Balki hali ham kimlardir yulg’ichlik qilar? Lekin na biz va na hukumat hali ushlagan emas. Sharoitga kelsak, hali, bu hech narsa emas, men Vazirlar mahkamasiga xat yozib jamoa uchun yer ajratilishini so’raganman va bu yerda ishlaganlarning hammasiga bittadan dang’illama uy qurdiraman,-dedi u.

-O’zingizga hammi?

-Men ham jamoa bilan birga yashayman. Qolaversa nega qurmasligim kerak?

-Lekin bu qadar pul osmondan tushadimi?

-Agar yo’lini bilsangiz osmondan tushadi. Men bugunga qadar xalqimning bir tiyiniga xiyonat qilganim yo’q. Rossiya bilan boshqa davlatlar orasida neft mahsulotlari oldi-sotdisida vositachilik qilamiz. Rossiyaga xaridorlar topib beraman, xaridorga esa arzon mahsulot va kelishuvning 10 foyizi bizning idoraga kelib tushadi, bu esa juda katta pul.

-Hukumatdagilar biladilarmi buni?

-Bizning hukumatdagilar hech narsani bilmaydilar va bilishni ham istamaydilar. Bir kuni Bosh vazirning o’rinbosari telefon qilib, Chinozda, katta yo’l ustidagi “benzokolonka”da  uning yigitlariga yaxshi benzin berishmaganini aytib, shikoyat qildi. Men unga bizning “benzokollonkamiz” yo’q, u boshqa idoraga qaraydi desam ham ishonmadi. Bular hatto o’zlari rahbar bo’lgan sohalarning tuzilishini ham bilmaydilar,-dedi.

O’sha kunlari hukumat benzin narxlarini oshirib yubordi.  Samandar Qo’qonov sessiyada mikrofon yoniga bormas edi, o’rnidan turib gapirardi va ovozi o’tkir bo’lgani bois hay’atdagilar bemalol uni eshitardilar. O’shanda u:

-Islom, aka, benzinni buncha qimmat qilishning nima keragi bor? Menga imkon bering, bir haftada hammayoqni benzinga to’ldiraman, hukumat ham foyda qiladi, xalq ham,-dedi.

Karimov esa jilmayib:

-Mustafoyevdan so’raymiz,-deya kinoya qildi va bundan jahli chiqqan Samandar Qo’qonov qo’l siltab, tashqariga chiqib ketdi…

Bir kuni uning idorasidagi kasaba ittifoqi raisi telefon qildi:

-Biz Erk partiyasining bo’limini tashkil qilayapmiz, kelishingiz mumkinmi?-dedi.

Muhammad Solih bilan birga bordik. Samandar Qo’qonov yig’ilishda qatnashmadi. Keyin u buning sababini:

-Yana men qatnashganim uchungina odamlar rejimga qarshi bo’lgan gaplarga qo’shilishdi, deyishlari mumkin dedi u.

Uning idorasidan 500 kishi Erk partiyasiga a’zo bo’lishini Islom Karimov o’ziga qarshi yana bir hujum deb qabul qildi.

Oldin ham Karimov uni o’ziga qarshi chiqayotgan isyonchi deb bilar edi.

-Agar u “yo’q” desa biror kishi ham o’zicha bir ish qilmaydi,-degandi Karimov,  7-sessiyadan keyin u haqda gaplashar ekanmiz.

-U tadbirkor va ishbilarmon odam, ko’zi to’q, xalqning haqiga xiyonat qilishni yomon ko’radi, topganini ishchilari bilan baham ko’radi, odamlar haqida g’amxo’rlik qiladi, nega undan foydalanmaysiz,-dedim Karimovga.

-Bunday odamlar jamiyat uchun juda tahlikali,-dedi u,-ular etmish yil zahmat bilan qurilganini bir kunda buzishni istaydilar. Ahmoq olomon shundaylarga ergashib ketaveradi. Xalqning “Yangini qurmasdan eskini buzma” degan maqolasiga (maqoliga demoqchi-JM) qarshi bular. Bunaqa odamlarning o’rni qamoqda!

-Lekin eskini buzmasak yangini qayerga quramiz, qolaversa, agar buzsak qurishga majbur bo’lamiz, buzmasak boshpana borku, deb yuraveramiz.

-Bu ham o’shaning gapimi? Sizga ham ta’sir qilib bo’libdi-ku?-deya kesatti Karimov.

-Ta’sir qilib-qilmaganini bilmayman, lekin bugun ana shunday yangi qarashdagi ishbilarmonlardan qo’rqmasligimiz kerak,-dedim.-Qo’llamasangiz ham uni o’z holiga qo’yishingiz kerak! Xalq unga ishonmoqda, jamoasi ishonmoqda, biz nega ishonmasligimiz kerak. U qurayotgan uyni kechasi yoqib ketishgani haqida prokuratura biror ish qo’zg’atgan emas, lekin akasining qo’ylari bor, deya uning ustidan ish ochilgani kulgili emasmi?

-Nima qiladi bo’lmasa benzinga xo’jayinlik qilib. Mafiyaning bolalari borgan ekan, 93-benzin kerak deb, bermabdi, mafiya bilan o’ynashib bo’ladimi? Nima u Xudo bo’ldimi? Shundan keyin yoqib yuborishadi-da,-dedi Karimov va birdan jim bo’lib qoldi. U aytishi kerak bo’lmagan gapni aytib qo’ygan edi.

-Uyiga o’t qo’yilganda jinoyat sodir etilib, prokuratura ish qo’zg’atmagan bo’lsa va ikkinchi holatda jinoyat bo’lmagan holda uning ustidan ish ochilgan bo’lsa, bu masalani sessiyaga olib chiqish kerak ekan,-dedim tilimni tiya olmay.

-Uka, po’pisa qilmang, o’shaning ishini yopish kerakmi, ana Mustafoyevga ayting, ishni to’xtatsin,-dedi Karimov suhbatimizga nuqta qo’yib.

Ammo Bo’ritosh Mustafoyevga “To’xtatma!” deb aytibdi. Keyin bilsam, Mustafoyev Samandar akadan bir million dollar so’rabdi va buni Karimovga berishi kerakligini aytibdi. Samandar aka Karimovni ham, Mustafoyevni ham haqorat qilib yuborganini oqizmay-tomizmay etkazishgani bois qo’zg’atilgan ish yana davom yettirilgan ekan.

Biz Mustafoyevning talabnomasini bahona qilib, butun gapni sessiyada ochishga qaror qilganimizni kimdir Karimovga sotgandan keyin sessiya arafasida Mustafoyev talabnomasini orqaga oldi va ishni yopdi.

Ammo oradan ikki yil o’tib, Karimov Oliy Majlisdagi muxolifatni bartaraf qilgach, Qo’qonov ustidan yana ish ochgan. Bu paytda Turkiyada edim. Eshitishimcha uning uy-joylari, boyliklari haqida maxsus film qildirishgan va uning nomini yomon oltiqqa chiqarishgan. Ilgari fele’ton yozdirishgan bo’lishsa bu safar film.

Samandar aka oshqozoni kasal odam. Doim parhezda yurardi. Uni Karimov 22 yilga qamab yubordi.

Uning “jamiyatimiz”ga yot bo’lgan bir odati bor, u ham bo’lsa cho’rtkesarligi. Ya’ni kaminaga o’xshab o’xshab ko’nglidagini qo’rqmay ochiq aytib yuborardi.

Yyettinchi sessiya tanaffusida deputatlar Karimovni o’rab olishganda u:

-Taqsir siz o’zbek xalqining ajalisiz,-degandi Karimovga.  Bu juda og’ir gap. Ayniqsa Karimov kabilar bunday gapni aslo ko’tara olmaydi.

Darhaqiqat, kin va gina saqlaydigan Karimov bu gapni haliga qadar unuta olmagani aniq. U haligacha Samandar Qo’qonovdan qo’rqadi. Xalq unga ergashib ketishidan, karimovlar qurgan eski, nuragan binoni buzishidan qo’rqadi.

Bir kuni ishga ketayoganimda nomersiz mashina bilan urib ketmoqchi bo’lishdi, tasodifan qutulib qoldim, ammo ishga qadar orqadan quvib borishdi. Bu haqda hukumatdagilarga ham xabar berdik. E’tibor qilishmadi. Ertasiga bu haqda “Izvestiya” gazetasining birinchi sahifasida xabar chiqdi. Keyin bilsam, Samandar aka gazetani olib, Bosh prokuror Bo’ritosh Mustafoyevning yoniga borib, bu masalada ish qo’zg’atishni talab qilibdi.

-Har bir ko’cha harakatiga ish ochamizmi endi,-debdi Mustafoyev.

-Ablah odam ekansiz, xalq  deputatiga, Oliy majlis qo’mitasi raisining o’rinbosariga, ERK partiyasi kotibiga suiqasd bo’ladiyu siz oddiy ko’cha harakati deysiz-a,-deya gazetani uning yuziga uloqtirib kyetibdi.

Bo’ritosh Mustafoyev bo’lgan voqeani so’zma-so’z yozib, Oliy majlisdan Samandar Qo’qonovga chora ko’rishni talab qilgandi.

Unga:

-Qatag’on kundan-kunga oshib borayotgan bir paytda o’zingizni olovga urib nima qilasiz?-desam.

-Samandarman, o’zimni olovga urishim kerak!-degandi.-Lekin shu bilan mening ustimdan yo’q joyga ish qo’zg’agan Mustafoyevning o’ziga o’zining necha pulligini isbot etdim.

Ismning ham ahamiyati katta deyishadi. Ba’zan ism ham insonning hayoti haqida bir qissadir. Xalqimizning rivoyatlarida, ertaklarida Samandar degan bir bahaybat jonivor olov ichida tug’ilib, olov ichida yashagani hikoya qilinadi.

Qarangki, Samandar Qo’qonov ham olovli bir davrda tug’ilib, umri olov ichida qoldi.

Bu olovning go’laxisi esa Islom Karimov bo’ldi.

27.MUROD

-Islom aka, odamlaringiz meni o’ldirmoqchi bo’lishdi,-dedi  Murod Jo’raev bir kuni  Karimovga.

U Muborak shahar ijroiya qo’mitasi raisi, Qashqadaryo viloyat kengashi deputati va O’zbekiston Oliy Kengashining qonunchilik qo’mitasi a’zosi edi.

Karimovning rangi oqarib ketdi. Bir menga qaradi va bir Murodga. Keyin:

-Odamlarim bo’lganini qayerdan bildingiz? Peshonasiga yozib qo’ygan ekanmi?-dedi Murodga darhol va  kaminaga yuzlanib,- Sizlar bu masalani ham o’rganishga kirishibsizlar-ku?!-dedi.

-Biz Oshkoralik qo’mitasida bu masalani bugun muhokama qildik…,-deya gap boshlagan edim, Karimov gapimni bo’ldi.

-Hali mish-mishdan iborat bo’lgan narsani qanday qilib muhokama qilasizlar, bu Oliy majlismi yoki militsiyami? Qanaqa qo’mita sizlar, prizidiumga talab qo’yasizlar? O’zlaringni kim deb hisoblayapsizlar? Shahar bedarvoza qoldimi?

-Islom aka, bu qanaqa mish-mish bo’lishi mumkin?,-dedim,-asosiy manba shu erda-ku?. O’zbekiston xalq deputatiga suiqasd qilinadiyu biz indamasdan qarab turaverishimiz kerakmi? Mo’rod Jo’raev Toshkentga kelib, darhol bizning yonimizga emas, sizning huzuringizga borib, voqeani aytib bermoqchi bo’lgan. Siz esa uni yarim kun kuttirib, qabul ham qilmaganingizdan keyin biz masalani qo’mitada muhokama yettik. Ichki ishlar vazirini chaqirsak, unga “bormaysan” deb aytibsiz. Qo’mita majlisi haqida televidenie tayyorlagan xabarni ham to’xtatibsiz…

Karimov “eb qo’ygudek” bo’lib termulib qoldi. Ko’zlarida g’ira-shira tabassum paydo bo’ldi. Bu qahrning zaharxanda bir shakli.  U gaplarimni eshitmayapti, deb o’yladim va gapdan to’xtadim. Ammo u eshitib turgan ekan, darhol javobga o’tib:

-Mening vazifam xalqni vahimaga solmaslik,-dedi,- hali o’rganilmagan, bilinmagan ishni qanday qilib matbuotga chiqarish mumkin?

-Islom aka, Qarshidan bu ishni o’rganamiz, deb yo’lga chiqqanlarni ortga qaytarish haqida buyruq beribsiz-ku?!-dedi Murod.

Bizni Karimov chaqirmasdan oldin birgalikda Qarshiga telefon qilgandik. Viloyat ichki ishlar boshqarmasining vakillari yo’ldan qaytishganini aytishgandi.

Murod Jo’raev shu kuni Toshkentga Oshkoralik qo’mitasining va “Tashabbus” guruhining majlislariga kelishi kerak edi. Ammo yetib kelolmadi. U tushdan keyin kirib keldi va o’ziga suiqasd qilinganini aytib berdi. Bunga qadar u qonunchilk qo’mitasining kotibi Toshpo’lat Jo’raevga telefon qilib bo’lgan voqea haqida axborot bergan va Karimov qabulxonasida kutib o’tirganini aytgan. Biz Toshpo’latdan ma’lumot olib, Murodning kelishini kutayotgandik.

Noma’lum kishi yoki kishilar sahar soat beshda u yotadidan xonaning derazasidan uning yotog’ini o’qqa tutishgan. Uning o’zi bu haqda majlisimizda  quyidagilarni aytdi׃

-Shu xonada yotishimni va har kuni soat oltida uyg’onishimni bilishgan. Ammo shu kuni Toshkentga keladigan bo’lganim uchun uyqum qochdi va ancha vaqt har ikki majlisda aytadigan gaplarimni o’ylab yotdim. Soat beshdan biroz oldin o’rnimdan turib, tashqariga chiqdim. Birdan o’q tovushini eshittim. Xonamga yugurib kirib chiroqni yoqdim. Yotadigan to’shagimni cho’tlab otishibdi. Xayriyatki, umr yo’ldoshim boshqa xonada bolalar bilan birga edi. Kichkinamizning biroz tobi yo’q edi…Xullas, darhol hamma yoqqa xabar qildim va o’zim yashirin yo’l bilan aeroportga yetib borib, Toshkentga uchdim. Doim darhol qabul qiladigan Karimov bu safar negadir umuman qabul qilmadi. Odamlar oddiy masalalar bilan kirib-chiqib turdilar, ammo menga faqat tush paytida ketaverishim kerakligi, lozim topilganda chaqirilishim mumkinligini aytishdi.

Muborak shahar ijroiya qo’mitasiga qattiq bosqilar bo’layotgandi va biz bu masalani kengaytirilgan majlislarda muhokama qilib, sessiyaga olib chiqishni rejalashtirgan edik.

Majlis paytida masala shu nuqtaga kelganda tanaffus e’lon qildik. Qo’mitamiz raisi Erkin Vohidov “Oshxonada parhez ovqat yo’q, uyga borib kelishim kerak” deb ketib qoldi va tushdan keyin qaytmadi.

Majlisni yana o’zim  o’tkazdim va Bosh prokuratura hamda Ichki ishlar vaziridan darhol bu haqda ma’lumot berishni, Oliy Kengash prezidiumidan esa shoshilinch ravishda majlis chaqirish, masalani o’rganish yuzasidan komissiya tuzishni so’radik. Oradan ko’p o’tmay Karimov chaqirdi. Mana endi u xuddi shu majlisga sha’ma qilayotgandi.

Karimovning o’zini tutishi va masalani bosdi-bosdi qilishga urinishidan u bu haqda oldindan xabari bor, shekilli, degan fikr kelib chiqardi. Yo uning o’zi bevosita topshiriq bergan yoki shunday bir “tashabbus” bilan kelganlarga “bo’pti” deb yuborgan deb o’yladim.

Keyin Murodning aytishicha, Karimov unga “Seni yo’qotib yuboraman” degan ekan. Bu gapni o’zim ham eshitganimda, Murodning gaplari yodimga tushgandi.

Murod Jo’raevning ota-bobolari Turkmanistonda tug’ilgan, o’zi esa  bolaligidan boshlab Qashqadaryoda o’sgan.

Qayta qurish va oshkoralik yillarida Muborak shahrida kommunistik partiya ziddiga yurib, bur guruh mustaqil fikrlovchilar bilan saylovda shahar kengashiga nomzodlarini qo’yadilar. Murod Jo’raevning o’zi  O’zbeksiton xalq deputatligiga ham nomzod bo’ladi va saylanadi.

Qashqadaryo “obkomi”ning birinchisi Islom Karimov bu “o’zboshimcha”lar maydonga chiqqanda O’zbekiston Kommunistik partiyasiga birinchi kotib bo’lgandi.

Murod Jo’raega “Nomzodingni ol!” deb buyruq beradi, ammo u kurash yo’lidan qaytmaydi. Muborakda ozodlikning hur uchqunlari ko’zga tashlana boshlaydi. Shahar kengashi fidokorlari erkin teleko’rsatuvlar beradigan mahalliy, mustaqil tele-kanal ochishadi. Xalq bilan ochiq muloqot boshlanadi. Murod Jo’raevning ijroqo’m raisligiga saylanishi Karimovni g’azzabga soladi. Rayon partiya komitetiga bu “jo’jaxo’rozlar”ning ta’zirini berish topshiriladi.

Muborak shahri ayni paytda Muborak tumanining markazi ham bo’lgani uchun kommunistik partiyaning tuman qo’mitasi ularga qarshi kurash boshlaydi. Viloyat kuchlari ularga qarshi safarbar etiladi. Ular esa shahar prokuraturasi va ichki ishlar bo’limini “partiyadan xoli tashkilotlar” deb e’lon qiladilar.

Bunga qarshi hukumat ularning televideniesini yopib qo’yadi.

Islom Karimov topshirig’i bilan bu “o’jar”lardan” qutulish uchun shahar kengashini tugatish haqida qaror qilishdi.  Kengash raisi O’zbekiston xalq deputati Murod  Jo’raev ishsiz qoldi. Uni quvg’inga olishdi.

Shu kunlari u Toshkentga kelib-ketib yurdi. Unga o’zim ishlayotganim  ERK partiyasiga a’zo bo’lishni, kurashni biz bilan birga davom yettirishni taklif qildim. U, “Yo’q” dedi. “Muhammad Solihda ham Karimov xarakteridagi belgilar bor, sizlar bilan hamkorlik qilsamda, lekin partiyaga kirmayman” dedi.

Keyinchalik  u qamalgach, Muhammad Solih uni ham “ERK partiyasi a’zosi” deb e’lon qildi. U sudda “Men ERK partiyasiga a’zo bo’lgan emasman” desa-da  buning ziddiga “U a’zo edi” deb bayonotlar berildi va bu Karimovga juda qo’l keldi.

Qatag’on avjiga mingan pallada biz  Murod Jo’raev bilan Boku shahrida shoir Yodgor Obid  turgan uyda uchrashdik. U ichi tor va bir ish qilmasdan turolmaydigan yigit edi. Har kun ertalabdan turib, ko’chaga otilar va nimadir qilishimiz kerak, deb fig’oni falak bo’lardi.

U Bokuga kelgan Muhammad Solih bilan yaqinlashib qoldi va uni Ashgabatda bir uy sotib olishga ko’ndirdi. Bunga qarshi bo’ldim. Chunki Turkmanboshining burn tagida turib, hech ish qilib bo’lmasligini bilar edim.

Bu uyda Murodning Turkmanistondagi singlisi va kuyovi Baxtiyor yashay boshladilar. Biz ham bordik. Shu kunlari Yusuf Ro’zimurodov Turkiyadan qaytib, bizning huzurimizga keldi. U Solihning kitoblarini O’zbekistonga olib borayotgan edi.

Ko’p o’tmay bizning bu yerda turganimizni bilib qolishdi va ketishga majbur bo’ldik. Ozarbayjonga, keyin esa Turkiyaga ketdik.

Men Istanbulda qoldim. Murod kelib-ketib yurdi. Oxirgi kelishida ham Solih unga o’z kitoblarini berib yubordi.

Oilamni olib kelish uchun Bokuga ketdim. Chunki Samarqandda umr yo’ldoshimni sud qilishayotgan va bolalar taqdiri haqida ham o’ylashim kerak edi.

Muhammad Solih Murodni Karimovning sobiq maslahtchisi Anvar Oltoylining singlisi Suxayloning turmush o’rtog’i nomiga Almatida olingan kvartiraga yuborgan ekan. Telefonini topib, sim qoqdim va Murodga:

-Do’stim iloji bo’lsa, boshqa joyda turinglar,  bu joy Anvar Oltoyliga oid, demak O’zbekiston hukumati ham biladi,- dedim.

Murod har kuni Solih bilan telefonda gaplashib turgani va xavotir olmasligim kerakligini aytdi. Uning boshqa joyga o’tishini qattiq turib so’radim. Chunki  Turkiyadagi har bir harakatning O’zbekiston hukumatiga yetib turgani ancha shubhaga solgandi.

Oxiri Murod:

-Erta-indin xotinim keladi va uni ham olib, bu yerdan ko’chaman,- dedi.

Murod sodda edi, desam yanglish bo’ladi. U jasoratli edi. Ammo bu ko’zi ochilmagan jasorat . O’zini olovga ham, o’tga ham uraveradigan bir jasorat.

Bundan biroz oldin Murodning 14 yoshlardagi o’g’li kasalxonada sirli ravishda  olamdan o’tdi. Uni tanirdim, mening she’rlarimni yodlab, xirgoyi qilib yurardi. Ayniqsa, Amir Temur haqidagilarni “Ashula qilib aytaman”, derdi. Juda odobli va qobiliyatli bola edi. Uni yo’qotish, bu og’ir dard Murodni ancha bukib qo’ygandi.

“O’g’li o’lsa keladi va ushlaymiz” degan  mirshablarning rejasi amalga oshmadi. Shu sabab ham endi uni Alamatidan ushlab ketishga qaror berishlari aniq edi va unga bu uyda turma deganimning yana bir sababi ham shu edi.

Xullas, uni Almatidan ushlab ketishdi. Eshiklarni sindirib kirishgan va kaltaklab,  behush qilib, qopga solib, qopni mashina motorining ustiga tashlab olib ketishgan. U keyin sudda vujudidagi kuygan izlarni ko’rsatganda ham Karimovning malaylari yetiborga olishmagandi.

Uni ushlashgan kun 1994 yil 17 aprel. Tasodifni qarang, bir yil oldin 17 aprel kuni meni ushlashgan edi. Bilmadim, balki 17 aprel Karimov uchun qandaydir ma’noga ega kunmikan?

Murod Jo’raevning qamoq muddati bitishiga sanoqli kunlar qolganda yoki umum avf e’lon qilinishi bilan unga yana bir jazo berilishi odatga aylandi.

Ma’lumotlarga ko’ra so’nggi avf chiqqan kunlar unga “Ko’kragingga ismingni kichikroq harflar bilan yozibsan” deb jazo berishibdi.

Undan oldin esa “Madhiyani aytganda boshingni egib turding!” deb ayb qo’yishgan.

U qamoqdan chiqargan bir xatida “Endi shu erda o’lib ketsam kerak” degan.

Yo’q,  Murod, xalqning murodi zindonda o’lmasligi kerak!

28. INOMJON TURSUNOV

Karimovning qarshisiga chiqqan deputatlardan yana biri Inomjon Tursunovdir.  Karimovni sessiyada prezident etib tayinlashayotgan kuni jussasi kichik bir yigit o’rtadagi mikrofon oldida oyoqda turib gapira boshladi. Qo’lida bir dasta qog’oz bor edi. Uning tovushi nozik bo’lsada o’sha kezda zalni titratib yuborgandi.

-Sizlar kimni prezidentlikka saylayapsizlar? Bu odam qo’shib yozishga aralashgan. Mana hujjatlari…

U juda katta raqamlarni ayta boshladi va Anishchev boshchiligidagi Moskva “desantlari” uni saqlab qolganini urg’uladi.

O’sha kezda bunday gaplarni aytish katta jasorat talab qilardi va ba’zilar uchun bu qo’rqinchli edi, shuning uchun ham zaldagi ko’pchilikning dami ichiga tushdi.

Raislik qiluvchi darhol mikrofonni o’chirdi. Inomjonning tovushi eshitilmay qoldi. U keyin prezidium tomonga qarab yurdi va qo’lidagi hujjatlarni raislik qiluvchiga uzatdi.

Ammo o’sha kunlari u turgan Toshkent mehmonxonasiga bostirib kirgan mirshablar uni do’pposladilar. Muttahamlikni qarangki, jussasi kichkina bu yigitni “Mirshablarni urdi” deb ayblashdi. Ham g’arlik, ham peshgirlik!

Farg’onalik deputat, dramaturg Inomjon Tursunovni Toshkent mehmonxonasida mirshablar do’pposlashganda masalani Oshkoralik qo’mitasida muhokam qildik.

Kechqurun televidenie ham, radio ham, ertasiga gazetalar ham qo’mita majlisi o’tgani haqida xabar bergan bo’lsalarda Inomjon Tursunov masalasini chetladilar. Topshiriq Devondan tushgan ekan.

Xullas, Inomjonni qamashdi. U bizning “Tashabbus” deputatlar guruhning a’zosi edi. Guruhimiz uning ozodligi uchun ko’p kurashdi. Lekin ozchilik baribir ozchilik ekan. Bizni ko’pchilik qo’llab-quvvatlamadi. Erkinlik kundan kunga yo’qolib boraverdi.

29. “ERK” GAZETASI

1993 yil…

Bir kuni ertalab uyga Prezidentning kotibi qo’ng’iroq qildi. Odatda yordamchisi Kraynov telefon etardi. Nega bu safar kotib “safarbar” bo’ldi? Hayron bo’lmadim. Chunki Karimov gap atrofga yoyilmasligini istasa, ishni kotibiga topshirardi. Kotib “tosh” kabi odam. Borib urilgan joyidan qon oqsa oqardi, lekin miqini chiqarmasdi.O’ziga dog’ yuqtirmasdi.

-Sizni so’rayaptilar! – dedi u salom-alikdan keyin.

Ikki kun oldin Karimov bilan uchrashaman, deb borganimda bahona topishgandi. Shuni eslatdim.

-Oka, xuddi begonaga o’xshab gapirasiz-a? Bilasiz-ku, bu savollarga biz javob bera olmaymiz. Keyin o’sha paytda juda band edilar,-dedi u.

-Bilaman, lekin “yo’q” degan qarorimni yumshatibroq aytmoqchi edim-da. Ya’ni sizga og’ir botmasin deb…

-Ha, boplaysiz-a?! Bilasiz-ku “yo’q” degan so’zni kirib ayta olmayman. Hatto “topolmadim” degan so’z ham boshimizning ketishiga sabab bo’ladi.

-Sizning boshingiz ketsa, keyin o’zlari ham boshsiz qoladilar-ku?- deb hazillashdim.

U ancha vaqt indamay turdi. Bu esa “telefonni eshitishadi” degan ma’noga ham kelardi. Garchi Prezidentning qabulxonasi bo’lsa ham, garchi kotib o’sha idoraga, ya’ni MXXga mansub bo’lsa ham, baribir cho’chir edi. Sovet davrida respublikalarning birinchi kotiblarining qabulxonasiga KGBning ikki xodimi qo’yilgan. Ulardan biri qabul bilan shug’ullansa, ikkinchi qog’ozlar bilan band bo’lgan. Ayni paytda ular ham “birinchi”ni, ham o’zlarini nazorat qilishgan. Shu odat Karimov davrida ham saqlanib, ular bir-birlarining ustidan hisobot yozadilar degan gap-so’zlar yurardi.

-Faqat o’zimni-o’zimga maqtaysizu, o’t bilan ro’baro’ qilib qo’yasiz. Agar do’stligimiz hurmati bor bo’lsa, yo’q demaysiz,-dedi u bir muddatlik tanaffusdan keyin.

Endi u ko’nglimga yaqin gapiraman, deb xato qilgandi. Qabulxonada bir-ikki ko’rishgan bilan do’st bo’lib qolinmasligini yaxshi tushunaman. Ammo ertaga “Kim bilan do’st eding?” deb undan shubha qilishlari ham turgan gap.

Xullas, kotibni bilaman. Gapni yana biroz cho’zsam, o’zi yugurib kelishdan ham qaytmaydi. Shundayligi uchun ham ishlayapti. Aks holda allaqachon “dumiga supurgi bog’lanardi”.

-Oka, eshik yonida “07” turibdi. Iltimos kutayaptilar…

“07”-bu “10-07” degani edi. Saroy mashinalarining nomerlari “10” raqamidan boshlangani uchun ikkinchi bo’lagi aytilardi va buni hamma tushunardi.

Mashinaga chiqarkanman, ovoz uzatgichdan kotibning tovushi eshitildi:

-Chiqdilarmi?

-Borayapmiz! -deb javob qildi haydovchi. Bu “tezroq kel” degan ishorati ekanligini bilgan haydovchi yo’l qoidalariga ham qaramay mashinani “elday” uchirib ketdi.

Nega Karimov chaqirganligini tahlil qila boshladim. Karimov bugun ertalabdan bu “ishga” kirishgan bo’lsa, demak sababni kechagi voqealardan topishim kerak. Ha, topdim. Kecha “ERK” gazetasining sobiq bosh muharriri Ibrohim Haqqul bilan Matbuot davlat Qo’mitasiga borgandik.

1992 yilning 3 yanvar kuni ERK partiyasining kengaytirilgan plenumida kaminani ham partiya kotibligiga va hamda “ERK”  gazetasi Bosh muharrirligiga saylashdi. Aslida bu ishga rozi bo’lish, o’z joniga qasd qilish kabi ish edi. Chunki ayni shu kunlarda partiyaning kotibi Otanazar Oripovni qamashgandi. Qolganlarni ham “Milliy majlis” masalasida so’roq qilishayotgandi.

Ikkinchi tomondan “ERK” gazetasi masalasida ish qo’zg’atilgan va O’zbekiston Ichki ishlar vazirligi bosh muharrir Ibrohim Haqquldan boshlab oddiy xodimlarga qadar hammani tergov qilayotgandi.

Shu kunlarda Ibrohim Haqqul “Ilmiy ishimga qaytaman”, deb ishga kelmay qo’ydi.  Yana bir tomonda Muhammad Solih partiyaga deb Moskvadagi Insonparvarlik tashkilotidan katta miqdorda pul olgan, deb tekshiruv davom etayotgandi. Bir so’z bilan aytganda partiyani yopib tashlashga kirishgan edilar.

Buning ustiga partiyaning parlamentdagi guruhining rahbari edim. Muhammad Solih parlamentni tashlab ketgandan keyin plenum Oliy Majlisda ERK partiyasi nomidan gapirishni ham kaminaga yuklagandi.

Ko’pchilik turli bahonalar bilan o’zini chetga olar ekan, istagan qadar bahona topishim mumkin edi. Lekin vijdonim bunga yo’l qo’ymasdi. Yiqilayotgan odamni tashlab ketishni tasavvurimga sig’dira olmasdim. O’zimni chetga ololmasdim. Kurashning oldiga chiqish kerak edi. Hamma chekinib ketaversa, demokratiyaga ishonib bu partiyaga kelgan ming-ming odamlar nima qiladilar, deb o’ylardim. Shuningdek, hukumatning demokratiyaga qarshi ochgan urushini hali to’xtatib qolish mumkin va biz bunda muhim rol o’ynashimiz kerak, deb ishonardim.

O’shanda Ibrohim Haqqulga telefon qilib, qoida bo’yicha davlat qo’mitasiga birga borishimiz  kerakligini aytdim. Tanishmoq qoidasi shunaqa edi.

Vazir Rustam Shog’ulomovni oldindan yaxshi taniyman. “Toshkent haqiqati” gazetasida ishlaganimda u “Yosh Leninchi” gazetasining bosh muharriri edi. Ra’no Abdullaeva O’zbekiston Kompartiyasi MK kotibi bo’lgan kezlarda Rustam Shog’ulomov va akasi O’zbekiston Kompartiyasi MK nashriyotining direktori Islom Shog’ulomov bilan birga vazifadan quvilishdi. U bir muddat  kitob nashriyotida ishlab yurdi.

Karimov Abdullaeva chetlatgan hamma odamlarni o’z atrofiga tera boshlaganda biz sessiyada Rustam Shog’ulomovning nomzodiga qarshi bo’ldik. Uning rahbarlik borasida hech qanday iste’dodi bo’lmasa ham, akasining orqasidan boshliq bo’lib yurgani, jurnalist o’laroq ikki satrni eplab yozolmasada, kitoblar chiqarganini hamma bilardi. Yuzi doim kulib tursada, ichi qora deb aytishardi u haqda gap ketganda.

Biz unga qarshi bo’lganimizni sezganday Karimov yosh deputatlarni chaqirib, “Bitta iltimosim, shu odamni Matbuot davlat qo’mitasi raisligiga o’tkazib beringlar” deb turib olgandi. Har qancha uning kamchiliklarini aytsak ham, Karimov  oyoq tirab oldi. Sessiyada ham  biz qarshi bo’lganimizga qaramay boshqalar uni tanimasalarda qarsaklar bilan qo’llab yuborishdi.

Rustam Shog’ulomov unga qarshi bo’lganimizni  yaxshi bilardi. Buning ustiga undan oldingi “vazir” Ubaydulla Abdurazzoqov bilan  bo’lgan voqealardan ham xabari bor. Shu bois sovuq qabul qildi.

U ikki oydan beri g’ayri rasmiy o’laroq gazetaning chiqishini to’xtatib turgandi. Shu ikki oy ichida har hafta gazeta qaytadan tayyorlab olib borilsada, ular nashr yettirishmasdi.

Hol-ahvol so’rashgandan keyin Shog’ulomov devorda osiqliq turgan portretga qarab:

-Islom akam bu mamlakatni mamlakat qilib turibdilar, bo’lmasa bilmayman nima bo’lib ketar edi?-  dedi.- Sizlar saylovda  qilgan eng katta xato oralaringdan lider chiqara olmadinglar. Ana u shoirdan prezident chiqarmidi?

-Tarixda juda ko’p shoirlar podshohlik qilganlar,- deb javob qildi Ibrohim Haqqul.

-Ular shoirlikdan podsholikka o’tmaganlar, ular podsholik davrida she’r ham yozganlar, desangiz, to’g’ri bo’ladi. Muhammad Solihni yaxshi taniyman, gazetachilikni qoyil qilolmagandi, hatto uch kishiga boshchilik qilib ko’rmagan odam katta mamlakatni qanday boshqarsin? Men uning “O’zbekiston sporti” gazetasida ishlaganini bilaman. Bir kun navbatchiligida ichib o’tirib gazetani chop etishga topshirishni unutgani uchun ishdan haydalgandi. Mas’uliyatsiz odam. Uning nima sababdan kommunistik partiyaga kira olmaganini ham bilasizlarmi? Ichkilik ichib, buzuqchilk qilib qo’lga tushgani uchun. U bir alamzada odam. Sizlar undan prezident yasayman, deb yuribsizlar. Tushlaringizni suvga aytinglar. Yozuvchilar Soyuziga uni Kommunistik partiya kotib qilib qo’yganda ham uch kishiga rahbarlik qila olmadi.

Unga e’tiroz bildirgan bo’ldik.

-Yozuvchilar uyushmasida uch kishidan ko’proq odam ishlardi,- dedi Ibrohim Haqqul.

-Yozuvchilar uyushmasida rahbar Odil Yoqubov edi, Solihga o’xshagan kotiblardan bir qanchasi ashula aytib yurgandi. Mamlakatni boshqarish uchun katta tajriba kerak. Hokimiyat Islom akamda qolgani hammamizning baxtimiz,- dedi Shog’ulomov gap tamom deganday.

Unga biz lektsiya eshitish uchun kelmaganimizni va gazetani to’xtatib turgani matbuot haqidagi qonuniga zid ekanligini, biz esa qonun talabi bo’yicha uning huzuridan o’tishimiz zaruriyatidan kelganimizni eslatdim va:

-Islom aka qonunlar kafolati, siz esa qonunni buzib o’tiribsiz,- dedim.

-Gazetani men to’xtatib turganim yo’q, maslahat qilib, keyin sizlarga natijasini aytaman,-deb javob qildi u.

…“07” Prezident devoniga yaqinlashib borar ekan, sababni topganday edim. Demak, “natija”  chiqqanga o’xshaydi. U “akasi” bilan maslahat qilgan ko’rinadi.

Mashinadan tushib oltinchi qavatga ko’tarilarman,  “Bu safargi natija qanday bularkin?” deb o’yladim. Savolim xayolimda qoldi. Lift eshigida kutib olgan kotib ichkariga boshladi. Eshikni ochdi-da o’zi tashqarida qoldi. Karimov nimanidir yozib o’tirardi. Kirganimni sezmay qoldi. Uning yoniga yetib borgach:

-Assalomu-alaykum! – dedim.  U cho’chib tushdi.

-Osmondan tushdingizmi, yerga chiqdingizmi? – deya o’rnidan turdi.

-Yuribmiz, – dedim.

-Tabriklaymiz, bosh muharrir bo’libsiz. Ish kerak bo’lsa, topardik. O’shalar bilan ishlashingiz shartmidi? Ular tugab bitdi. Sizga o’xshaganlarning nomi bilan tirilmoqchi!

-Ular bilan ilgaridan birgaman-ku…

-To’g’ri, lekin ilgaridan bosh muharrir emas edingiz. Partiyasiga ideologiya sekretari bo’lganingizda ham indamagandim. Ammo gazetasiga siz boshchilik qilishingiz kerakmidi? Bilaman, qalamingiz o’tkir, ammo boshqa gazetalarga yozing! – U mening partiyaga kotib va gazetaga bosh muharrir bo’lishim ayni kunda bo’lganidan bexabardek edi yoki chalkashtirayotgandi.

-Shunday ham gazetani chiqarishga ruxsat bermayapsiz-ku! –dedim.

-Ruxsat bermoqchi edik. Endi butunlay yopamiz. Hozir ana u Salay (Hukumatdagilar ham, Karimov ham Muhammad Solih sessiyada nomini “Salay Madaminov” deganlariga arazlab chiqib ketgani uchun endi “Salay” kalimasiga urg’u bera boshlashgandi-JM) erto’lada o’tiribdi. Moskvadan olgan pullarining hisobini bermoqda. Gazetani esa qaror bilan yopamiz,-dedi.

Karimov po’pisa qilayapti deb o’yladim. Ammo keyin bilsam,  ertalab ishga otlangan Muhammad Solihni Ichki ishlar vazirligiga olib ketishgan ekan va kechgacha bir xonada turli bahonalar bilan ushlab, keyin javob berishibdi.

Ammo shu daqiqada Karimovning gapiga ishonmayotgandim. Chunki shunday voqea yuz bersa, darhol eshitgan bo’lardim, degan xayolda edim.

-Agar gazetadan ketsam-chi?  U holda yopmaysizlarmi?-dedim.

-Qayerga ketasiz!

-Sizning gazetlaringizdan biriga, albatta siz tavsiya qilsangiz,-dedim.

-Gazetalar meniki emas, bittasi Oliy Kengashniki, boshqasi partiyalarniki, yana bittasi komsomolniki, ularning ishiga men aralasha olmayman, qanday qilib, sizni tavsiya qilishim mumkin,-dedi Karimov.

-Unda nega bizning gazetaga aralashayapsiz?- dedim. Karimov qizarib ketdi va birdan  o’rnidan sapchib turdi.

-Nega aralashmayin? Men qovunchi emas, Karimovman. Siz sessiyada aytgandek hammasi onamning mahriga tushgan, bildingizmi?

-Bunday deganim yo’q!-dedim.

-Ie, allaqachon unutdingizmi, lentani qo’yib beraymi? – u shunday deb, deraza tomondagi burchakda turgan televizorning ostidagi videomagnitofon tugmasini bosdi. Keyin qo’l bilan boshqarish apparatini olib, joyiga o’tirdi. -Bu sizlarning davlat to’ntarishiga urinishlaringiz…

Lenta mening nutqim yozilgan joyga qadar aylantirib qo’yilgan ekan:

-Unutgan bo’lsangiz, hozir yodingizga solamiz!-dedi.

-Men unutganim yo’q, o’shanda “Onangizning mahriga tushganmi?” deganim yo’q, balki “O’zbekistonni onangiz tuqqan emas va siz ustun bo’lib qololmaysiz” deganman…

Keyin nima sababdan shuncha vaqtdan keyin bu masala endi o’rtaga chiqqanini so’ramoqchi edim, lekin u quloq solmadi.

-O’zingni yig’ishtirib ol, bo’lmasa qamoqda chiritaman degandim, esingda bormi? Mani esa esimda turibdi. Seni qamoqda yo’qotaman, bildingmi?

-Birinchidan sensiramang, ikkinchidan esa, qamashingiz mumkin, lekin, ana u kun odamlaringiz o’ldirishga urinib ko’rdilar, nomersiz mashinada. Hayotim ularga bog’liq emas ekan, yo’qota olmadilar…

-Lekin, yo’qotaman, bilib qo’y!-deya baqirdi Karimov, uning og’zidan ko’piklari chiqib atrofga sochila boshladi. Uning quyanchiq kasali bor deyishardi, nima balo, to’g’ri ekanmi, deb shu damda kasali tutib qolishidan qo’rqdim. Lekin baribir javob berishni afzal ko’rdim.

-Yo’qotish sizning ishingiz emas, hammasi Xudoning qo’lida!-derkanman labim qurib tilib aylanmay qolayozdi.

-Man o’sha Xudo!-deya u ko’kragiga urdi.

-Xudo kechirmaydi bu gunohni!- dedim.

-Ko’ramiz, Xudo kimni kechirmaydi? Istaysan.. sizmi, ertaga mufti televizorga chiqib, sizni dinsiz deb e’lon qilsin! Ustozingizni “dinsiz” deb e’lon qildirganim sizga dars bo’lmadimi? Istasam, ertaga meni “Xudoning erdagi soyasi” deb e’lon qiladi. Din – bu mening aytganim. Istasam, machit ochib beraman, istasam mufti-puftisi bilan portlatib yuboraman.

-Ertaga mening ham uyimga bomba tushadimi?- deya muftining uyiga portlatgicha tashlaganlariga ishora qildim.

-Sizni oldin uyingizdan quvib chiqaraman. Keyin deputatlikdan haydataman. Oilangiz ham sizdan yuz o’giradi.  Ana undan keyin qamayman!

-Peshonaga yozilgani bo’ladi.

-Peshonangizga shularni men yozdim. Siz esa o’qib oling! Xullas, ora ochiq! Ketaverishingiz mumkin!

O’jarligim tutdi.

-Baribir jonim Jabborning qo’lida! –dedim.

-Ko’ramiz! Ko’ramiz! Ko’ramiz! – u baqiraa-baqira qoldi.

Xullas, gazetani 1993 yil 7 fevral kungi hukumat qarori bilan yopishdi. Biz avval gazetani Ozarbayjonda chiqarmoqchi bo’ldik. Imkoni bo’lmadi. Keyin Turkiyaga ketganimizda u erda nashr yettik.

30.SHAVKAT YO’LDOSHEV

Rivoyat qilishlaricha bir zulmkor shoh qazoga etganda hech jon berolmasmish. Tabibu -ulamolar hayron. Kun kechib kech kirganda shoh ko’zlarini ochibdi.

-Shahanshohim, yana qanday armoningiz bor? Amr eting, bajo keltiraylik, –

debdi tabibi kalon.

-Vazirimning boshini tanidan judo qilinglar! – debdi shoh.

Hamma sukunatga cho’mibdi. Uch kun davomida shoh jallodlaru- zindonbonlar, devonbegiyu –mushovirlarini o’limga buyurdi. Endi esa…

– Shahanshohim, ul zot sizning eng ishongan mudiringiz, soyai -obro’yingizlarku, axir, biz qanday qilib…

Amrimni muhokama uchun emas, ijro uchun buyurdim!

Vazirning boshini keltirib ko’rsatganlardan so’ng:

-Xudoga shukur, – debdi shoh, – Endi jon bersam bo’lur. Lekin sen tabib nenidir so’ramoqchisan, savolingni ber, javobingni oladursan!

-Shahanshohim, nechun ishongan odamlaringizni qatliom qildingiz?

-Ssiyosat bu, ular ishongan odamlarim emas, ular qullarim edilar, hatto sendek savol berishga jur’at etolmasdilar. Biroq ko’p sirimni bilardilar. Men esa sirimni Tangridan boshqaga ishonmayman! Ular yaxshi qul edilar, qul kabi jon berdilar, men esa shoh kabi… ,-deb javob qilibdi shoh.

Bu albatta, rivoyat. Lekin ildizi hayotdadir.

1993 yil 29 dekabrda O’zbekiston Oliy Kengashining ikkinchi raisi «sog’ligi yomonlashgani uchun» vazifasidan ketdi. Nega ikkinchi deyapmiz, chunki 1990 yilda Oliy Kengash O’zbekiston mustaqilligi deklaratsiyasini qabul qildi. O’sha kezdagi Oliy Kengash raisi Mirzaolim Ibrohimov “jilov”ni deputatlarga berib qo’ygani va ular Mustaqillik deklaratsiyasi qabul qilganlari bois kommunistlar plenumida qattiq tanqid ostiga olindi. Ta’qiblarga dosh berolmagan Mirzaolim Ibrohimov o’zi ariza yozdi va etmish yil davomida kadrlarga chiqariladigan hukm: «Sog’ligi yomonlashgani uchun» ishdan ketdi.

U kishi oqsoqol edi, mayli. Lekin hali ellik yosh nari-berisidagi ikkinchi rais ham shu hukm bilan ishdan olindi. Birovning mansabga minishi baxt, ishdan ketishi fojea emas. Qolaversa, yiqilganni tepmaydilar. Bizning tepadigan fikrimiz ham yo’q. Ammo Vatan takdiri uchun murakkab bo’lgan bir davrda O’zbekiston qonunchilik idorasini boshqargan kishi siyosiy maydondan quvilarkan, uning faoliyatini tahlil etmoq burchimizdir. Istaymizmi, istamaymizmi u tarixda qoladigan vazifada ishladi. Tarix esa bor gapni bilmog’i kerak. Qolaversa bu Islom Karimov shaxsiyati va siyosatini anglashga ham yordam beradi.

Xo’sh, Shavkat Yo’ldoshev O’zbekistonning siyosiy maydonida qanday paydo bo’ldi va Vatanga, millatga qanday naf keltirdi? U asli namanganlik. 1943 yilda tug’ilgan. Moskvada oliygohni bitirgan. Uning Moskavdaligidayoq KGB tomonidan “rekrut” qilingani aytiladi. Shu bois Namanganga qaytib, osongina partiya ishlariga o’tadi. 1984 yilda Namangan shahrining “birinchi odami” bo’ladi. Bu ishda bir yil ham ishlamay Mosvaga KPSS MK apparatiga ishga olinadi.

Sovet Ittifoqi davrida O’zbekistonda partiya rahbarlari mahalliy xalqdan bo’lsa, uning yonidagi ikkinchi shaxs Moskvaning odami-rus edi. Amalda “ikkinchi” hukmronlik qilgan. 1994-19887 yillarda Kreml O’zbekistondagi hamma “ikkinchi”larning o’rniga yangi desantlarni tashladi. Qiziq voqea yuz beradi. Kreml Shavkat Yo’ldoshevni Sirdaryo “obkomi”ga ikkinchi etib jo’natdi. Bu uning KGBga mansublini isbotlaydigan dalildir.

Uch yildan keyin u Farg’ona viloyatiga ijroqo’m raisi bo’ldi. O’zbeklar va Mesxet turklari orasida chiqqan qonli to’qnashuvlarning tashkilotchilaridan biri sifatida nomi chiqdi. Farg’ona voqealari munosabati bilan barcha rahbarlarning “boshi ucharkan”, Shavkat Y Yo’ldoshev O’zbekiston KP MK Reviziya komissiyasining raisligiga “saylandi”. 1991 yilining 12 iyunida esa Islom Karimov uni maqtay-maqtay O’zbekiston Oliy Kengashining raisi stoliga o’tqazdi.

U Moskvaning odami ekanligiga bizda zarracha ham shubha yo’q edi. Hatto O’zbekiston KGBsining raisi G’ulom Alievning u bilan harbiychasiga  salomlashganini bir necha marta ko’rib qolganmiz.  U SSSR KGBsining generali ekanligi aytilardi. Hujjatlarda qanday bilmadim, lekin amalda u zulmning elchisi edi. Fitna uyutirishga,  artislik qilishga, yig’lab turib kulishga juda usta edi. Karimov demokrat deputalarni uning qo’li bilan bartraf etdi. Unda rahm-shavqatdan zarra ham yo’q. Qalbi qotib qolgan askar kabi harakat qilardi. O’z yurib ketgan tankdek hamam narsani majaqlab ketaverardi. Yuzingizga kulib gapirib, ayni paytda sizni o’limga yo’llaydigan hujjatni ham imzolaydigan darajada sovuqqon edi.

Uni Mixail Gorbachyovning demokratik maktabida tahsil olgan odam deb targ’ib qilishgan. Darhaqiqat,  u jasorat bilan ishga kirishishi va O’zbekistonni demokratiya sari burishga sababkor shaxs sifatida tarixga kirishi mumkin edi. Bunday imkoniyat har kimga nasib etavermaydi. Lekin…

Moskva KGBsi Farg’onada millatni ikkiga bo’lib, urishtirganda olovga kerosin sepganlarning boshida Shavkat YO’LDOSHEV turgandi. So’ng Kremldan Farg’onaga qo’shin kiritishni rasman iltimos qilgan ham u. Toshloq, Qo’qonda xalq o’qqa tutilganda qurolli jallodlar oqasida  turgan ham u edi.

Lekin yuqorida aytganimizdek, uni partiya nazorati idorasiga rais qilib olib kelishdi. Bu idoraga o’sha kezlarda hatto Markaziy Komitetdan ham so’roq so’rash huquqi berilgandi. Uning raisi kommunistik tuzum sharoitida jumhuriyatda ikkinchi shaxs bo’lishi kerak edi. Partiyaning ichki islohotlari asosan shu idoraga ishonilgandi. Shunday paytda Shavkat Yo’ldoshev gunoh botqog’idan chiqib ketishi, Farg’ona voqealari birdaniga unga begona bo’lishi taajjubli hol edi.

U yangi ishni boshlar ekan, O’zbekiston oynaijahoni orqali o’zining katta vazifaga ko’tarilgani xususida ko’rsatuvlar uyushtirdi. «Gdlyan va Ivanov degan bosqinchilar qo’shib yozish bahonasida ko’p kommunistlarimizni aybsiz qamadilar, – dedi u oynaijahonda. – Men bu kommunistlar takdiri bilan jiddiy shug’ullanaman.Ularning oilalari, bola-chaqalari chinqirib yurishibdi».

Vaholanki, uning o’zi o’sha bosqinchilarning safida edi.

Moskvada SSSR xalq deputati o’larok Gdlyanlarga qarshi bir og’iz so’z aytgan emas, aksincha aytganlarni tinchitishga uringan.

Oradan ko’p o’tmay O’zbekiston xalq deputatlaridan birining o’rniga uni deputat qilishdi.

Siyosatchini davr va dunyo etishtirmog’i kerak. Uni kimdir etishtirar ekan, u kimningdir mulkiga aylanadi.

O’zidan baland turgan siyosatchiga qarshi fikr aytgan kundan boshlab kishi siyosat maydoniga kiradi.

Shavkat Yo’ldoshev esa siyosatchilikni “tuhfa” sifatida oldi… U O’zbekiston Oliy Kengashining 12 chaqiriq 3 sessiyaga oddiy deputat sifatida emas, Kengash raisi sifatida ham keldi.

Sessiyada O’zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komiteti birinchi kotibi Islom Karimov “Yo’ldoshevni partiya shu ishga loyiq» deb topganini aytdi. Farg’onalik deputatlardan ayrimlari g’azabga mindilar. Prezident Islom Karimov ularning hovurini bosdi.

-Shavkat Yo’ldoshev Oliy Kengash raisi sifatida Farg’ona voqealarini kim uyushtirganini aniqlaydi. Bu vazifa unga imkon beradi. U qonli voqealarga guvoh bo’lgani uchun ham partiya unga bu ma’suliyatli vazifani yuklayapti, – dedi u.

Oldindan tayyorlab qo’yilgan «navbatchi» deputatlar uni qo’llashdi. Qarshilik qilganlarga quloq solinmadi. Oliy Kengash ham bitta odamning og’zidan chiqqanga mahliyo bo’ladigan olomonga aylanib borayotgandi.

Jumhurrais kursisiga o’tirishi hamonoq, Shavkat Yo’ldoshev g’ayriqonuniy, g’ayriinsoniy hatti-harakatlarga berildi. Shu darajaga borib etdiki, deputatlarni yakkama-yakka suhbatga chaqirib, Prezidentning xatolarini aytib, «Buni siz gapiring, men sessiyada so’z beraman» dedi va darhol Prezidentga “Bu deputatlar sizni tanqid qilishmoqchi” deb o’ziga xos o’yin boshladi.

Sessiyada tanqidiy fikr aytgan deputatni fitnachi deb aybladi. Mutloq bo’hton, tuhmat bilan 12 deputatning takdiriga bolta urildi. Na qonun, na insof tarozisida turadigan qabihliklar ochiq-oydin amalga oshirilaverardi.

O’zbekiston iqtisodiy va siyosiy bo’hron qo’ynida qolishida Shavkat Yo’ldoshevning katta ayblari bor. U iqtisodiy va siyosiy tanazzulga olib boradigan o’nlab qarorlarga imzo chekdi.

Uning Farg’onadagi ayblarini ochishga uringan deputatlrning hibs etilishi, bir qator deputatlarning qmalishi, vakolatlari to’xtalishi, Oliy Kengashdan o’ttizga yaqin xalq deputati ishdan haydalishi Shavkat Yo’ldoshevnig siyosiy maqsadlar yo’lida har narsadan qaytmasligini ko’rsatsa, O’zbekiston yo’lini belgilaydigan qonunlar chetlab o’tilib, xalqni og’ir ahvolga soladigan qarorlar paydo bo’lishi uning millatga xiyonat qilganini ochiqlaydi.

Shavkat Yo’ldoshev Oliy Kengash raisi o’laroq, bitta maqsad bilan yashadi׃ O’z xo’jayiniga xizmat qilish, unga yaxshi ko’rinish.

1991 yil sobiq SSSR tarqalib ketgach, unga Moskvadan «Jiguli» mashinasi mukofotga berishdi. Uni savdo vazirligi qimmatbaho narxdagisiga almashtirdi. Mashinani savdo markazidayoq Buxoroga sotib yubordi. So’ng bu ish davom etaverdi. Mashinalar kelib ketaverdi. Bu orada Toshkent shahrining Hamid Olimjon maydonidagi 18 qavatli uydan qiziga va jiyanlariga, hukumat uyidan o’ziga, Turkiston harbiy okrugi generallari ko’chib ketgan uylardan uch o’g’li va yugurdaklariga hashamatli uylarni olib berdi

Shavkat Yo’ldoshevning hatti-harakatlariga qarshi 1992 yilda «Xalq so’zi» va «Narodnoe slovo» gazetalari jamoasi ish tashladi. Shu kuniyoq Shavkat Yo’ldoshev qaror chiqarib, uch yuz kishi ishlayotgan gazetalarni yopdi. Qalamkashlar ish tashlash piketlarni davom yettiravergach, gazeta tiklandi-yu, jamoa faollari quvg’inga uchradi. «Xalq so’zi» jasoratli, demokratik gazetadan madhiyago’y hukumat gazetiga aylantirildi.

Shavkat Yo’ldoshev Karimovning bir og’iz gapi bilan qarorga imzo chekib, Oshkoralik qo’mitasini qisqartirib yubordi. Deputatlarning noroziligi kuchayganini sezgach, qarorini bekor qildi. Qisqa davrda o’n olti marta o’z qarorini bekor qilishga majbur bo’ldi.

U bilib turib g’ayriqonuniy va g’ayriinsoniy qarorlarga kelardi. Chunki topshiriq olgan mahali o’z fikrini ayta olmas va «xo’p-xo’p» deya darrov ijroga kirishardi.

U imzolagan qarorlardan kuyganlar Prezidentga uchrashib, oradagi “mushukni” quvish yo’lini topishsa, Yo’ldoshev qayta topshiriq olar va «xo’p» deya yana qarorni o’zgartirardi.

Oliy Kengash raisi o’yinchoqqa aylanganini xalq ham sezib qoldi. Shavkat Yo’ldoshev Oliy Kengashni Prezidentning oyog’i ostiga tashladi.

Zero, Prezident uchun ayni shu kerak edi. Shavkat Yo’ldoshev vazifasini bajarib bo’ldi. U endi keraksiz odam edi. “Genaral” iste’foga jo’natildi va uning o’rniga yangi askar -Erkin Xalilov olib kelindi.

Uning ham vazifalari bor. U ham kerak. Vazifasi bitishi hamonoq undan ham voz kechiladi. Prezidentning kadrlar bilan ishlashdagi bu «olamshumul» tajribasini hamma biladi.

31. ADHAM FOZILBEKOV

Ilgari Toshkent shahar kommunistlar partiyasining, so’ng nomigagina o’zgargan Xalq demokratik partiyasining Toshkent shahar qo’mitasi birinchi kotibi bo’lib ishlagan Adham Fozilbekov o’zini prezidentning eng yaqin, eng sadoqatli odamlaridan biri deb bilardi.

O’zbekiston televideniesini ko’rib borganlar uni doim Prezident yonida ko’rishar, quchoqlashib, qo’shqo’llashib turishganini ko’p gapirishardi.

Adham Fozilbekov ana shu kayfiyatni yo’qotmaslik uchun butun mahoratini ishga soldi. Hatto O’zbekiston Bosh qonunida e’tirof etilmagan bo’lsada, Prezidentni Toshkent shahrida hokim saylovi o’tkazishga ko’ndirdi. Saylov davomida Prezident ham, hukumat mashinasi ham unga ishladi. Saylovga undan boshqa odamning nomzodi qo’yilmadi. Ko’pchilik toshkentliklar ko’rinishidan juda muloyim, ammo kommunistik partiya o’yinlaridan ancha xabardor bu odamni istashmasada, u hokim bo’ldi.

Yuqoridan in’om etilgan bu tortiqni oqlash uchun u 1992 yil 16 yanvarda Toshkent shahrida talabalarni o’qqa tutishga rahbarlik qildi. So’ng, Oliy Kengashning 7-sessiyasida Prezidentning kamchiliklarini aytgan, o’zining shogirdi va eng yaqin safdoshi-O’zbekiston xalq deputati, tuman hokimi Shuhrat Nusratovni hatto sessiyaga kiritmasdan ishdan oldi.

U layoqatsiz, ammo har qanday qabih ishga tayyor, Prezidentga yoqadigan kishilarni esa katta lavozimlarga tayinladi.

Yuzma-yuz gaplashganda o’zini samimiy ko’rsatishga uringan Adham Fozilbekov sirtidan muxolifatga qarshi o’t ochib, o’zini Prezidentga yaqin qilib ko’rsatish maqsadini ko’zladi. Prezident ham unga ishondi va uning bilan ko’p ish qilishga ulgurdi.

Qo’rqoqlik, haqiqatni ochiq aytolmaslik, xushomad va qullarcha ko’r-ko’rona ish bitirish har qanday kadrni oxir-oqibatda sharmanda qiladi. Kommunistik rejim davrida ildiz otgan va bugun yana ham kengroq quloch yoygan bir odat bor. Yurtga emas, rahbarga, eng birinchi rahbarga xizmat qilish. Adham Fozilbekov ana shu maktabga sodiq bo’lib qoldi. Hech qachon qoqilmayman, yiqilmayman, deb o’yladi.

O’zbekistondagi aksariyat kadrlar xuddi ana shunday fikrdalar va hatto yo’lda ekanliklarini tan olgilari kelmaydi. Yonlaridagi safdoshlarining takdiri ham ularga saboq bo’lmayotgani kishini ajablantiradi.

O’zbekiston Prezidenti maslahatchisi, olim Baxtiyor Nazarov g’ayriinsoniy harakatlarni ko’rib, bilib xalqni aldashga, Prezidentni sevishga undadi. Jon-jahdi bilan harakat qildi. Ammo ishdan quvildi.

Vazirlar mahkamasi raisi muovini, shoir Erkin Samandarov millatni yolg’on va aldovlarga ko’nikishga o’rgatish yo’lini yaratdi. O’zi shu yo’lning qurboni bo’ldi.

«O’zbekiston ovozi» muharriri Rasul Rahmonovdek Prezidentni maqtashga hissa qo’shgan odam yo’q. U ham vazifasidan kuzatib qo’yildi.

Bu o’yin viloyatlarda ham ayni ko’rinishda davom etmokda. Barcha viloyat hokimlari ham ana shu o’yinning tashkilotchisi, ijrochisi bo’la turib unga engildilar.

Eng achinarlisi bugun ham Prezident shu odamlarni chaqirib, mansab, vazifa bersa, ular yana xushomad, madhiyani boshlab yuboradilar va har qanday qabih, qonunsiz topshiriqlarni bajaraveradilar.

Imkoni topilgan joyda uni maqtaydilar va xushomadgo’ylik qiladilar.

Bu kadrlarni ayblamoqchi emasman. Ular shunday ham qiynokda. Vijdon azobi yondirmokda ularni.

Faqat ularning taqdiri boshqalarga dars bo’lmagani o’ylatadi kishini. Go’yo butun kadrlar Adham Fozilbekovga aylanib qolgandek. Balki Adham Fozilbekov barcha rahbarlarning ichiga singib ketganmi?  Bilmayman.

Xullas, Karimov diktaturani shundaylarning qo’li bilan mustahkamlab oldi.

32.KARIMOVNING KOMANDASI

Karimov demokratiya uchqunlarini o’ldirib, diktatura o’rnatgan dastlabki yillarda uning komandasida kimlar bor edi?

-Shavkat Yo’ldoshev, Oliy Kengash raisi

-Ismoil Jo’rabekov-Bosh vazir o’rinbosari

-Temur Alimov- Prezident maslahatchisi

-Bo’ritosh Mustafoyev, Bosh prokuror

-G’ulom Aliev-KGB(MXX) raisi

-Zokir Almatov-Ichki ishlar vaziri

-Bobur Malikov, Oliy Sud raisi, Adliya vaziri

-Anatoliy Efimov-O’zkompartiya MK ikkinchi kotibi

-Ubaydulla Abdurazzoqov-Tashqi Ishlar vaziri

-Rustam Shog’ulomov- Davlat Matbuot qo’mitasining raisi

-Erkin Hayitboev- O’zTeleradio qo’mitasining raisi

-Adham Fozilbekov- Toshkent shahar hokimi

-Sayfullo Saydaliev -Toshkent viloyat hokimi

-Po’lat Abdurahmonov-Samarqand viloyat hokimi

-Mavlon Umurzoqov, Prezident maslahatchisi

-Shoxobiddin Ziyomov- Prezident maslahatchisi

-Aziz Nosirov, Komsomol yoshlar rahbari.

-Jahongir Hamidov, O’zkompartiya ideologiya kotibi.

-Baxtiyor Nazarov- Prezident maslahatchisi

-Damir Yodgorov-Buxoro viloyat hokimi

-Shavkat O’razaev-Konstitutsiyaviy qo’mita raisi

-Jamol Kamol- Yozuvchilar soyuzining raisi

-Alisher Toshkentboev-Jizzax viloyat hokimi

-Burgut Rapig’aliev-Namangan viloyat hokimi

-Marks Jumaniyozov-Xorazm viloyat hokimi

-Baxtiyor Hamidov- Bosh vazir o’rinbosari

-Erkin Samandarov-Bosh vazir o’rinbosari

-Shavkat Mirziyoev- Oliy Kengash Sanoq komissiyasining raisi

-Erkin Xalilov-Oliy Kengash Huquq-tartibot qo’mitasining raisi

-Urayim Abdug’aniev-Bojxona rahbari va boshqlar.

33. XULOSA O’RNIDA

Siyosat ham san’at deyishadi. Aslida san’at ham siyosatdir. Siyosat san’at ekanligi sezilib qolganda, emirila boshlaydi. San’at ham siyosatligi bilindimi ”oyog’i sinadi”. San’atning go’zal bir bo’lagi – raqs, o’yin. Siyosatning harom bir bo’lagi – o’yin. Biri teatr, tomosha sahnasida, kichik davralarda hukm sursa, ikkinchisi  juda o’lkan sahnada – mamlakat, dunyo sahnasida “jilva” qiladi.

Bugun bizning yurtimiz sahnasida – ham siyosat, ham san’at sahnasida iftixorga aylangan hayosiz o’yinlar ko’payib ketdi.

O’zbekistonning yangi Konstitutsiyasi qabul qilingan sessiya arafasida mamlakatda terror boshlangan, diktatura quloch yozgandi. Muxolifat qatag’onga olingan, quvg’in, surgunlar boshlangandi. Sessiya ham ana shu ruh, ana shu kayfiyatda o’tdi. Bosh qonun deyarli muhokamasiz qabul qilindi. Shu kuni kechqurun prezident poytaxtning  “Navro’z” koshonasida millatvakillariga, saroy a’yonlariga ziyofat berdi.

Ziyofat oqshomi prezidentning ko’zlaridagi tahlika yo’qolmagandi. U shu kuni qandaydir noxush xabar olgani sezilib turardi. Sessiyaga kirishda deputatlarni lazerli maxsus uskunalar yordamida “bojxona”dan o’tkazishdi. Ayol deputatlardan birining sumkasidan temir kuldon chiqib qoldi. Yarim soat so’roq qilishdi. Biz kuldik: “Agar kuldon bilan kimningdir joniga  qasd qiladigan bo’lsa, demak yapon maktabida o’qigan”.

Ziyofat zalida mehmonlardan qo’riqchilar ko’proq edi. Sigaret chekmoq uchun joyimdan qo’zg’algandim, yigirmaga yaqin yigit men tomonga o’tdi. Yonimga Milliy Xavfsizlik xizmati qo’mitasining  raisi G’ulom Aliev keldi.

-G’ulom aka, “qo’ylar ham cho’chqa holiga” tushibdi-ku? – dedim ziyofat oldidan maxsus aravachalar ustida cho’chqaga o’xshab yotqizilgan, boshi va oyog’i kesilmasdan pishirilgan qo’ylarga sha’ma qilib.

-Bugun shod-hurramlik, shunaqa gaplarning o’rnimas, – dedi G’ulom Aliev. Sezdimki, suhbatimiz yozib olinmoqda. Chunki G’ulom aka bilan yon qo’shnimiz. Yakkama-yakka qolganda tuzumdan, prezidentdan noroziligini  gap orasiga qistirardi. Bu ham balki “lambada”dir?  Har holda, o’yinni samimiy o’ynardi.

Birdan Olmaxon Hayitovaning jarangdor ovozlari yangradi. O’rtaga Xorazm viloyati hokimi Marks Jumaniyozov chiqdi. U va Vazirlar Mahkamasi raisining muovini Erkin Samandarov O’zbekiston mustaqilligining bir yilligi tantanasida birga raqsga tushib, prezidentdan tashakkurnoma olishgandi. Marks Jumaniyozov qarsaklar og’ushida goh qosh uchirib, goh o’tirib-turib o’ynardi.

Odamlarning ko’zi prezidentda edi. U zaharli jilmayib turardi. Bu jilmayishni tashakkurnoma deb anglashdi, shekilli, birin  ketin-viloyat hokimlari raqsga tusha boshladilar.   Samarqand viloyat hokimi Po’lat Abdurahmonov raqsga usta emas ekan.  Deputat Oygul Mamatovaning jozibador o’yini bu qusrni yopib yubordi. Buxoro viloyat hokimi Damir Yodgorovning “badani”da bor ekan, ancha vaqt davra aylandi. Hatto, bir qo’li bilan qoshini yuqori ko’tarib, prezidentga qarab “hunar” ham ko’rsatdi.

Xullas, hokim raqqoslar musobaqasi prezidentning xijil ko’nglini yozdi.

Navbat millatning guli va aqli bo’lmish ijodkorlarga keldi. To’g’rirog’i, prezident so’zni avval Said Ahmadga, so’ng Odil Yoqubovga berdi.

Said Ahmad mikrofonni ikki qo’llab ushlagancha davraga bir nazar soldilarda yuraklarini ochdilar.

-Men ham mustaqillik uchun kurashganlardan biriman, – dedi u kishi. – Sovetlar imperiyasida mustaqillik haqida gapirish u yoqda tursin, hatto fikrlash ham qo’rqinchli edi. Lekin biz yuragimizdagi bu dardni asarlarimizga singdirdik. “Kelinlar qo’zg’oloni”ni yozarkanman, dilimda shu maqsad edi. Markaz zulmidan ozod bo’lish g’oyasi asarimning boshidan oxirigacha chekinmaydi. Bu asarda o’n besh mustamlaka jumhuriyatning dardi, tashvishlarrini berishga intildim. Bosh qahramonlarimning har biri bir jumhuriyatning obrazidir…

Davrada o’tirganlardan biri “O’zbekiston kim ekan?” deb shivirladi. “Sottixon bo’lsa kerak” degandim, yonimizdagilar kulib yuborishdi.  Said Ahmad esa hali so’zlarida davom etmoqda edilar.

-Muhtaram prezidentimiz Islom aka Karimov mustaqilligimizni e’lon qilgan pahlovon xalqimizning Alpomish o’g’li, umidlarimizning yorqin sho”lasidirlar. Mana, yana u kishining dadil va jasoratli odimlari bilan yurtimizning yangi Bosh qonuni qabul qilindi…

Said Axmad bisotidan terib – terib hamdu sano yog’dirgani prezidentni shod qildi. Ammo Odil Yoqubov yanada jozibali, yanada obrazli nutq irod etdi:

-O’zbekiston yarador, majruh bir ot, to’g’rirog’i toychoq edi. Rus mustamlakasi paytida ezilgan bu toychoqning ko’zlari yosh,  dardi og’ir edi.  Islom Abdug’aniyevich uning yoshlarini avaylab, yollarini tarab, silliqlab, yarasiga malham bosib parvarishladilar. Bu toychoq tezda kuch to’plab, parvozga shaylangan ot holiga keldi.  Bugun Islom aka sohibi davlat sifatida uni egarladilar. Dul-dul yuksak parvozlarga shaylandi. U o’z chavandoziga, chavandozi esa unga yarashib turibdi…

Balki vaqt o’tib adiblarimizni “O’shanda obrazli qilib, Karimov xalqning elkasiga minib oldi” deganlar topiladi va hech kim e’tiroz qilmaydi. Chunki “lambada” har qanday kishining sog’lom fikrlarini toptab, or-nomus ko’chasidan uzoqlashtiradi.

-Bugun Islom akaning mardligini ko’rolmayotganlar bor, – deya davom etdi O. Yoqubov. – Ular adashgan, kimdandir, nimadandir norozi kishilardir. Shu sabab, Siz Islom aka, undaylarga e’tibor ham bermang.  Xalq ularga allaqachon baho berib bo’lgan. Shunday deymizu, ammo ular asabni egovlab, katta ishlar va maqsadlar yo’lida to’siq  bo’lishgani ayanchlidir…

So’ng Ortiq Otajonov prezidentga “bir kapgir” maqtov yog’dirib, qo’shiq boshladi.

Davraga raislik qilayotgan Namangan viloyati hokimi, prezident iborasi bilan aytganda “oqsoqol” Burgutali Rapiqaliev ishorasi bilan o’rtaga yana hokimlar chiqdilar. Raqs tugagach, Karimov “ikki ulug’ adib” sharafiga qadah ko’tarishni buyurdi.

Stol ustidagi shishalar allaqachon bo’shab qolgani uchun ba’zi a’yonlar bo’sh qadahlarni ko’tarib, buyruqni bajardilar.

Vaqt kelib, ular ham o’zlarini oqlashlari uchun imkon bo’ladi. Ya’ni: “Biz o’shanda fikrlarga qo’shilmaganimiz uchun bo’sh qadahni ko’targandik”, deya. Ularni hozir ham ayblamoqchi emasmiz. Ular “lambada” asirlari.  Asir esa buyurilganni bajarishga mahkum. Asirlar sud qilinmaydilar.

Qo’shiq aytib turgan G’ulomjon Yoqubovga prezident  nimanidir ishora qildi. U kuy ohangini o’zgartirib, Karimovga Mustaqillik kuni yoqib qolgan nasihat – qo’shig’ini boshladi.  Shu payt uning yonida hofiz Sherali Jo’raev paydo bo’ldi.

Sherali Jo’raev haqida shu  kunlari turli mish-mishlar tarqalgandi. “Karimov uni televizordan, radiodan olib tashlabdi”. “U hajga borganda prezidentni Xudosiz debdi”. Bu gaplarda jon bor edi. Rostdan ham Karimov bir majlisda TV “katta”siga Sherali Jo’raevni ko’rsatmaslikni buyurgandi.

Hofiz  hamkorining qo’lidan torni olib: ”Men O’zbekiston gimnini yozganman, shuni ijro etaman”, dedi. Prezident boshini quyi solib, yonidagi maslahatchisi Mavlon Umrzoqovga nimadir dedi. Uning rangi oqadi. Har holda javob qildi. Nazarimda, u  “Sherali Jo’raev ro’yxatda yo’q edi”, deb qutuldi.

Qo’shiq tugagach, ”ob-havo” buzilaganini sezgan a’yonlar qarsak chalmadilar. Hofiz engil kuy chalib, o’tirganlarni raqsga “da’vat” etdi. Hamma jim.

Ko’p o’tmay bu “noxushlik”ni prezident unutdi va o’zi raqsga tushdi. Juvon deputatlar, hokimlar uni qurshab oldilar…

“Navro’z” koshonasidan qaytarkanmiz, ko’ngil xira, chunki Karimov “o’rmonga o’t qo’ygandi”. Yong’in yashin tezligida viloyatlarga, tumanlarga tarqalayotgandi.  O’rmon ichida ming-minglab  gunohsizlar azob o’tida qovrilayotgandilar.

Ko’ngilni ana shu yong’in yoqmoqda edi…

1992-2005 yillar.

Toshkent-Baku-Istanbul-Vashington.

Muallifdan: Ushbu memuar yozilish jarayonida, undan keyin ham yillar davomida saytlarimda turdi. Boshqa saytlarda ham qayta-qayta e’lon qilindi. Oshkoralik nuqtai nazaridan jamoatcilik tasdig’idan o’tdi. Shundan so’nggina kitob holida chop etildi.

Жаҳонгир Маматов׃ Зеҳният жумбоғи

Саволларга жавоблар

Бошқаларнинг кўрганларига эҳтиёж

САВОЛ: Ўз камчиликларингизни ҳам кўрасизми ёки фақат бошқаларнинг камчилигини қидирасизми? (Асламбек).

ЖАВОБ: “Дўст ачитиб айтади” деган ҳам биз, “Танқид отангга ҳам ёқмайди” деган ҳам биз…

Бировнинг камчилигини кўриб, айтмай кетишликни ўша одамга нисбатан душманлик қилиш деб биламан. Бу ҳисни кўтариб юролмайман. Айтаман ва енгил тортиб йўлимда давом этавераман.  Бу-характерим ва буни ўзгартира олмаслигимни ҳам биламан. Камчилигимни айтганлардан бирортасидан хафа бўлган эмасман, аксинча ҳурмат қиламан. Лекин туҳмат қилишса, ноҳақлик қилишса бунга ҳам кўз юмиб кетмайман. Кўз юмиш қўрқоқлик.

Аммо бугунга қадар ким туҳмат қилган бўлса,  жазосини Аллоҳдан олди ва олмоқда. Бу куч беради. Демак, буюк АДОЛАТ мавжуд.

Шундай бўлсада туҳмат қилганларнинг башарасини кўргим келмайди. Шундайлардан бири “Сиз сиёсатчи эмас, кулиб, қучоқлашиб, яқин бўлиб юравермайсизми, вақти келганда оёғининг остидан нарвонни олиб қўясиз” деганди. Агар шу сиёсат бўлса, демак ростдан ҳам сиёсатчи эмасман!

Орқадан фитна қилишни эмас, очиқ курашни танлаганман. Сиртдан гапирганларнинг гапига эмас, юзимга, очиқ гапирганларнинг гапига эътибор қиламан.

Инсон ўз камчиликларини ўзи кўра олганда у мукаммал зот бўлур эди. Афсуски, шундай эмас. Шу боис ҳар кимнинг ҳам  бошқаларнинг кўрганларига эҳтиёжи бор. 2004.

Гавҳар ва гав-хар

САВОЛ: Сиз бугун мухолифат йўқ дебсиз. Лекин баъзилар “Бугун бутун халқ мухолифатдир” деб ёзишмоқда. Бунга нима дейсиз? (Бахтиёр).

ЖАВОБ: Албатта бундай гап ўзлари мухолифликни уддалай олмаган кишилардан чиқади. Кейинги 15 йилда бу гапни кўп эшитдик. Лекин ҳеч қачон  режимларни  бутун халқ ўзгартирмаган, унинг бир қисми ўзгартирган.

Ҳатто кейинги пайтда энг кўп мисол қилинадиган Сербия ва Гуржистонда ҳам инқилобларда халқнинг фақат бир қисми, жуда оз қисми иштирок этди. Шунинг учун бутун халқ мухолифат ва режимни унинг ўзи ўзгартиради дейиш бу менга нима, дегандек гап.

Бугун эркин сайлов бўлганда ҳам халқнинг анчагина қисми Каримовга овоз бериши турган гап, чунки халқ жуда ишонувчан ва каримовчилар эса ёлғонни ростдек қилиб гапиришга уста.

Болалар ота-онасига ишонмаслиги мумкин, лекин ўқитувчисига ишонади. “Бу гап ёлғон” десангиз ҳам, “Йўқ, ўқитувчим айтди, бу рост” деб тураверади. Худди шундай газеталарга, радио ва телевидениеларга ҳам ишонувчан одамлар талайгина. Сталин ўлганда энди нима қиламиз деб ҳўнгир-ҳўнгир йиғлаганлар бўлгани каби Каримов ўлганда ҳам аза тутадиганлар топилади. Каримов ана шундайларга “ставка” қилмоқда.

Шу мухолифлик ҳақида гап кетганда халқ деб эмас,  баъзилар ёки халқнинг бир қисми, ё бўлмаса халқнинг аксар қисми деган иборани ишлатишлари керак деб ўйлайман. Каримовнинг  “Бутун халқнинг номидан гапираяпман” деганидек кўзбўямачи вазиятга тушиб қолмаслик зарур.

Мухолифат халқнинг сиёсий жиҳатдан етишган бир бўлагидир. Мухолифат ҳаракати эса халқнинг сиёсий жиҳатдан етишган қисмини бирлаштириш учун уринишдир.

Бирлаштирган гавҳардир, парчалаган гав-хардир!

2004.

Ҳаракатда маъни бор

САВОЛ: Ўзбекистонда  бошқа бир ҳаракат тузилишига қандай қарайсиз? (Алишер).

ЖАВОБ:Дунёнинг турли қонунлари бор. Шулардан бири бўшлиқнинг тўлдириши ҳақидаги қонундир. Ўзбекистонда мухолифат қатағон қилиниши билан унинг ўрнида бўшлиқлар вужудга кела бошлади ва турли туман кучлар буни тўлдиришга уринмоқдалар. Бу масаланинг биринчи томони.

Иккинчи жиҳати эса шуки, тарсаки тарсакини, мушт муштни бошлаб келади, деган гап бор. Зулм кейинги вақтда ўзига қарши зулмни яратмоқда. Бу эса унга қўл келади. Ана шуни тушунганлар ўз норозиликларини тинч йўл билан ифодалашга уринмоқдалар.

Учинчи жиҳати эса мавжуд мухолиф кучларнинг фаолиятидан қониқмаслик ҳам бошқа бир ҳаракатнинг пайдо бўлишига йўл очади.

Хуллас, қандай жиҳатларга боғлиқ бўлмасин янги бир демократик, таъкидлайман демократик ҳаракат пайдо бўлса, уни қўллаш ва дастаклаш керак.

2004.

Лидер ташқарида эмас, ичкарида бўлиши керак

САВОЛ: Бугун ҳеч қаерга қўшилмай турган ёшлар жуда кўп. Шуларни бирлаштириб, бир партия тузиб Каримов режимига қарши юриш бошлатмайсизми? (Убайдулла).

ЖАВОБ: Ўзимни раис деб эълон қилиб, бундан роҳатланиш ёки гадой каби эшикма-эшик юриб грант излаш иштиёқим йўқ. Бу гапнинг пўст калласи.

Лекин янги бир партия тузиш таклифларини кўп оламан ва сизнинг ҳам билдирган ишончингиз учун катта раҳмат. Олдинги таклифларга ёзган жавоб хатларимдаги гапларимни қисқартириб яна бир бор айтмоқчиман. Кечаги ва бугунги шароитда бир партия тузиб, аъзоларининг рўйхатини ҳукуматга топшириш бу ўз фарзандларининг бошини жаллоднинг кундасига қўйиш билан баробардир. Айниқса, ўзим четда бўлган ҳолда мамлакатдаги навқиронларнинг ҳаётини таҳликага солиш виждонимга мос эмас.

Бугунги режими шароитида партия тузиб, демократик йўлда курашнинг ҳеч қандай имкони йўқ. Имкони бор деб сафсата сотиб юрганлар ҳам буни биладилар ва тирикчилик учун бу гапни айтиб туришга мажбурлар. Демократик йўл билан курашнинг имкони йўқ экан, нодемократик, қуролли йўл қолади, бунга эса қарши бўлганман ва бундан кейин ҳам бу йўлни танламайман. Чунки қурол гуноҳкор ва гуноҳсизни ажрата олмайди.

Шу сабаб мурожаат қилган ёшларга ҳозир бутун диққатни ўқишга, билим олишга, оқ ва қорани танишга сарфланг, деб маслаҳат беришдан бошқа иложим йўқ. Чунки жамиятнинг келажаги сизларнинг қўлингизда.

Кеча имкон йўқ эди, бугун ҳам йўқ, аммо бу  эртага ҳам бўлмайди дегани эмас. Шу боис ўзингизни эртанги имконият куни учун ҳозирланг.

Жаллодлик абадий эмас, эзгулик абадийдир ва сизнинг имкониятингиз ҳам эртага олдингизга чиқади. Ана ўшанда биз 1990 йилларнинг бошида бой берганимиз каби сиз ҳам довдираб қолмасдан, бир-бирингизни ёқавайрон қилмасдан, жаллоднинг оёғи остига итқитмасдан иш кўрсангиз байроқни олиб кетасиз.

Тайёргарликсиз ҳеч нарса бўлмайди. Шарт эмас номи партия бўлиши. “Дўстлик клуби” деб аташингиз мумкин, “Гурунг” дейишингиз мумкин, хуллас, сизни бирлаштирадиган бир гуруҳ тузинг ва ишни демократияни, дунёни, асл тарихни ўрганишдан бошланг ва бир кун келиб сиз демократия ўрнатувчиси бўласиз. Ўшанда бугунги авлод каби аламзада бўлиб, бир-бирининг гўштини егувчи тўдага айланиб қолмайсиз.

Насиб этиб, Ватанга қайтиш имконияти менинг ҳам олдимда пайдо бўлса, ўшанда балки таклифингизни ўйлаб кўришим мумкин. Чунки лидер ташқарида эмас, ичкарида бўлиши керак.

2004.

Хор бўлган санъат

САВОЛ: Сиёсатга алоқаси бўлмаган бир нарса сўрамоқчиман, Америка филмларини ёқтирасизми ёки ҳинд филмлариними?(Камола).

ЖАВОБ: Болаликдан ҳинд филмларини томоша қилиб улғайганмиз. Америкага келиб ҳам Болливудда чиққан ҳар бир филмни кўришга ҳаракат қиламан. Бугун чиқаётган филмлар олдингиларидан мутлоқ фарқ қилади. Ҳозир ҳиндлар филмларга катта ижтимоий, сиёсий ва маданий муаммоларни юклашга интилмоқдалар ва бу уларни дунёда биринчи ўринга олиб чиқмоқда. Масалан, “Боғбон”, “Ашок”, “Қафас”, “Дев” филмлари каби классик бўлиб қоладиган асарлар яратишмоқда. Ҳинд филмлари ҳали Ҳиндистонда намойиш этилмасдан Америкага етиб келади ва уларни уйда томоша қилиш имконияти жуда ҳам қулай.

Бу дегани Ҳолливуд филмларини кўрмайман ёки ёқтирмайман дегани эмас. Аксинча аксар янги филмларни кўриб бораман. Ҳинд филмларида мақсад асосан сизни дам олдиришга, ҳордиқ чиқаришга қаратилган бўлади. Шу боис ҳам уларни тез унутасиз. Америка филмлари эса сизни ўйлашга, тарих, бугун ва келажак ҳақида бош қотиришга ундайди. Кейинги пайтда тарихий, фалсафий филмлар жуда кўп чиқмоқда ва уларни томоша қилиш яхши бир китоб ўқиган каби ҳузур беради.

Масалан, “Троя”, “Узуклар илоҳийси” “Исо пайғамбарнинг ҳассосияти”, “Қирол артур” каби эпик филмлар қаторида “Эртадан кейинги кун”, “Фарангет-911″ каби дунёвий долзарб муаммолар ҳақидаги филмлар қаторида кўнгилочар асарлар ҳам борки, ҳинд филмларидан қолишадиган жойи йўқ.

Шу ўринда бир нарсани эслатмоқчи эдим. Интернет ва телевидение ривожланиши кино санъатини ўлдиради, деган тахминлар бор эди. Аммо бундай бўлмади. Рақобат яхши асарлар пайдо бўлишига олиб келди.

Телевидениелар ҳам бугун кинофилмлардан қолишмайдиган асарлар тайёрламоқдалар.

Шунга қарамай, Америкада минг-минглаб кинотеатрлар бор ва улар доим лиқ тўла. Чунки филм индустрияси мутлоқ эркин бўлгани учун халқнинг дарди ва ташвишлари билан ҳамоҳанг яшайди. Ҳатто бироз олдинлаб, эртанги кунни башорат ҳам этади.

Бир кун ўзбек филмлари ҳақида ҳам ана шундай гапиришни орзу қиламан. Лекин Совет даврида ўзбек филмлари коммунистик ғояга хизмат қилдирилган бўлса, бугун эса бачканалашиб кетган. Балки дунёнинг энг буюк кино асарларини кўриб борганим учунми Тошкентдан кимлар орқалидир келтирилган филмларни қараб, худди юз йил олдин олинган киноленталарни томоша қилаётгандек бўламан, йирик маданий тарихга эга бўлган бир миллатнинг санъати ҳамон хор бўлаётганига ачиниб кетаман.

2004.

Танлов оз эмас

САВОЛ: Ўзбек санъаткор, шоир, ёзувчи ва  журналистларидан сизга маъқул бўлганлари ҳам борми? (Отамирза).

ЖАВОБ: Бор ва оз эмас.  Ҳар кимнинг ўз танлови бўлади. Масалан, бир таом кимгадир ёқади ва кимгадир ёқмайди. Бу масала ҳам шундай, шахсийдир. Мен бошқаларнинг ҳам танловларини ҳурмат қиламан.

Менинг танловим: Масалан, санъаткорлардан Комилжон Отаниёзов(раҳматли), Фахриддин Умаров, Таваккал Қодиров, Бобомурод Ҳамдамов…

Қарийб ўттиз йилдирки Таваккал Қодировнинг Фурқат ғазалига айтган “Сайдинг қўябер сайёд”ини деярли ҳар оқшом тинглайман. У менинг “уйқу дорим”га айланган.  Баъзи қўшиқларни бир марта ёки кўп марта эшитиб “тўйиб қоласиз”. Лекин “Сайдинг қўябер…” уларга ўхшамайди.  У қўшиқдан беғубор осмонга, кенгликка айланиб кетади.

Манимча бугунгача бу ашулани Таваккал Қодиров даражасига етказиб бошқа биров айтолмади. Айтган бўлса ҳам мен эшитганим йўқ. “Тошкент ушшоғи” ҳам унинг ижросида ҳар қандай одамни  эритиб юборади. Минг марта тингласам ҳам яна тинглагим келади. Уйда ҳам, йўлда ҳам, сафарда ҳам…

Фахриддин Умаровнинг қўшиқлари ҳақида ҳам шундай фикрдаман. У ҳатто Пўлат Мўминнинг “қип-қизил, советча” сўзларига ҳам сеҳр бериб, уларни жозибадор сатрларга териб юборади.

Ёзувчилардан: Абдулла Қодирий, Мамадали Маҳмудов(Эврил Турон), Зоҳир Аълам, шоирлардан Жамол Сирожиддин, Абдували Қутбиддину журналистлардан  Аҳмаджон Мухторов, Аҳмад Исмоилов ва бошқалар ҳақида тўхталишим мумкин. Зотан уларнинг ҳар бири ҳақида анчагина ёзганман. Исмлари бу ерда ёзилганлардан ташқари яна кўплаб ижод аҳли-истеъдодли шахсиятлар борки, уларни ҳам қадрлайман.

Демоқчиманки, танлов оз эмас. Ҳар қандай режимлар даврида ҳам халқнинг ардоқли фарзандлари етишган ва ҳар қандай инсонда кимнидир қадрлаш танлови бўлган.

2004.

Китобларим

САВОЛ: Китобларингиз қайси мамлакатларда чиққан?(Ойсара).

ЖАВОБ: Албатта, китоб чиқиши муҳим воқеа эмас. Балки китобнинг нима ҳақдалиги муҳим. Бугунга қадар миллионлаб, балки триллионлаб китоблар нашр этилган. Аксари жуда силлиқ, оби-тобида ёзилган. Масалан, Сталиндан Ислом Каримовга, Муборакдан Қаддофийга, Саддамдан Брежневгача минглаб золимлар номидан чиққан ва маҳорат билан ёзилган қанчадан қанча китоблар бор. Ё бўлмаса уларга хизмат қилган, уларнинг маддоҳлари битган қанчадан-қанча китоблар чиққан. Уларга қулай ва йўл очиқ. Асрлардир шундай бўлиб келган.

Бугунга келиб кўп нарсалар ўзгарди. Энди истаган одам ўз китобини нашр эта олади. Етарки муаллифда бир фикр ва одамларга айтадиган гапи ва шижоати бўлсин. Ўқийдиганлар топилади. Демак, бугун фақат сараланган тоифанинг эмас, халқнинг китоблари ҳам чиқадиган замон.

Каминага келсак, ёзганларим китоб ҳолида АҚШ, Туркия, Озарбайжон ва мустақилликдан олдинги Ўзбекистонда  ҳам чоп этилган.

Бугун мана энди китобларимни интернетда дунёнинг истаган нуқтасидан туриб ўқишингиз мумкин.

Айни пайтда АҚШда тилшуносликка оид бир неча илмий китобларим ҳам нашр этилган.

Қизиқ бир кузатишни айтмоқчиман. Ёзганларимни камситиб юрадиган бир-икки киши бор. Уларнинг баъзи қораламаларига қарасам, Каримов режимининг дастлабки йилларидаги бевосита ўзим гувоҳ бўлган воқеалар тафсилотини камина ёзганларидан “айлантириб”, ўғирлаб олишган. “Ош бўлсин”! Ўғирламасдан, очиқдан-очиқ ҳам олаверишлари мумкин, зотан халққа ёзилган дастурхон бу!

Асло, уларга тош отмоқчи эмасман, аксинча китобларим ҳатто рақибларимга ҳам керакли эканлигидан мамнуният ҳисси туйганимни таъкидламоқчиман, холос. 2004.

Интернет…

САВОЛ:Интернетдан қандай фойдаланасиз ва Интернетни суиистеъмол қилаётганлар ҳақида нима дея оласиз? (Отабек).

ЖАВОБ: Интернет… жуда катта эркинлик майдони.

Ҳаётда ҳамма нарсанинг меъёрини билган одам ўз мақсадларига эриша олади. Интернетни ҳам суиистеъмол қилмаслик керак.  Интернетга муккасидан кетган одам эмасман. Иш юзасидан ва қизиқиш юзасидан кириб тураман ва бу кўп вақт олмайди. Принцип сифатида чатлар ва меҳмонлар китобларида қатнашмайман. Ишим ва хавфсизлик ҳам бунга имкон бермайди. Қолаверса, у ердаги меҳнат сувга оқади, йўқ бўлиб кетади. Сарфлаган вақтингиз, чатнаган асабингиз қолади. Олтин бериб, ахлат олган бўласиз.

Интернетдан фойдаланиш умумий вақтим билан ҳам боғлиқ. Икки жойда ишлайман. Ҳафтада камида 60 соатлик расмий ишим бор ва вазифамни бировларга юкламасдан бажарадиган одатим бўлгани учун деярли бўш вақтим йўқ.  Уйда эса ижодий ишларимга кўпроқ вақт ажратаман.  Филмлар кўриш, янги чиққан китобларни ўқиш ва оила юмушлари дегандай… вақт етмай қолади. Шу боис хабар оғирликли вебсаҳифаларга обуна бўлганман ва улар ҳар кунги янгилик, таҳлилларни электрон почтамга юборадилар. Бу веб саҳифалараро “югуриб” юрмаслик учун катта имконият.

Интернетдан бугун одамларнинг шахсиятига ҳужум, нафсониятга тегиш, ҳақорат, ғараз мақсадларда қўлланиш, дўстларнинг орасини бузиш, нифоқ сочиш, нафрат уйғотиш, фитна  учун фойдаланадиганлар ҳам  бор.  Жамият борки, унинг сариқ печаклари ҳам бор. Жамият борки, унинг андилари ҳам бор. Ундайлар  ҳатто ўзларининг ким эканликларини унутиб, ўзларини ҳам суиистеъмол қиладилар. Ўзини суиистеъмол қилган одамдан қандай қилиб интернетни суиистеъмол қилмасликни кутасиз?

Интернет ҳам маданият кўзгуси. Совет даврида одамларни сўкиш билан кун ўтказадиган казо-казо жойларда ишлаган ва ўта маданиятсиз бўлган бир кишини биламан. У  вебсаҳифаларнинг меҳмонлар китобларига кириб куракда турмайдиган сўкинишларни ёзади. Эски касбидан келиб чиқиб, бировларнинг номи, услубини ишлатиб ёзади. Аммо  уни аллақачон кўпчилик таниб олди. Аввалига унинг қопқонига тушганлар ҳам бугун уни билдилар. Ундан ҳазар қиладиган бўлишди. Лекин у “касбини” ташламади. Эшитишимча, бугун ҳам “вазифасини” бажариб юрган экан. Бу ҳам касаллик.

Қуш уясида кўрганини қилади. Одамларнинг илтимослари, панду насиҳатлари ва гапларини олмади.  “Ит бирлан хўтукка қанча қилма тарбият, ит бўлур эшак бўлур, бўлмаслар асло одамий!”  ёки “заҳар солмоқ эрур касби илоннинг” деган гаплар унга айтилгандек эди.

Бугун ўзбек тилидаги яхши вебсаҳифалар деярли йўқ ҳисоби. Бу жабҳада ёшларга ўзларини кўрсатишлари учун жуда катта майдон бор. Интернетга кириш имконияти бўлганларда мамлакатга, ватанга, миллатга, интернетга кираолмаётган минг-минглаб, миллионлаб  одамларга хизмат қилишни истаганларга бу чексиз ҳудуддир.

2004.

Ўзимиз билан ўзимиз…?

САВОЛ: Америкадаги ўзбеклар ўзаро учрашиб турасизларми?  (Маъруфжон).

ЖАВОБ: Интернет ҳақида ёзганимда бироз бўлсада вақт масаласига ҳам тўхталган эдим. Америкада одамлигимни йўқотмасдан яшайман деганларга бекорчи вақт, бўш вақт бўлмайди.

Бу ерда яшаш даражасини ўзингиз танлайсиз. Истасангиз ҳеч қаерда ишламасдан гадойлик билан ҳам кун кўриш мумкин. Ит ётиш, мирза туриш билан ҳам бу дунёдан ўтиб кетиш мумкин. Аммо ўз уй-жойингиз, қулай транспорт воситангиз, техник имкониятлардан фойдаланиш орзуингиз, ҳар йили дам олишга бориб келиш шароитингиз, Американи, дунёни томоша қилиш,  болаларни яхши олийгоҳларда ўқитиш ниятингиз  бўлса,  тинмай ишлаш керак. Чунки буларнинг ҳаммаси пул ва жуда катта пул! Шунинг учун ҳам бу ерда “вақт–пул” деган иборани тез-тез ишлатадилар. Бу масаланинг бир томони.

Иккинчи томони эса, хўш учрашувлар нима беради?  Қуруқ олди қочди гаплар, кейин орқаваротдан иғволар, бир-бирининг устидан бўҳтонлар уюштиришми? Бир-бири билан қучоқлашиб, бир-бирига қараб жилмайиб, бирга овқатланиб кейин бир-бирига душманлик қилишми? Табиийки буни сиёсат деб билгувчиларга масаланинг аҳамияти йўқ. Аммо нафсониятингиз ва ғурурингиз, ўз қарашингиз ва ўз йўлингиз бўлса бундай учрашувларга қўл силтайсиз.

Илк бор Американинг Орегон штатига келганман. Кейин Виржиния штатига кўчдик. Бу ерда ўзбеклар, айниқса Афғонистон ва Туркия орқали келган ўзбеклар кўп. Дастлаб бир ҳамкасбим билан Туркистонликлар жамиятини тузиш учун кўп югурдик. Жамиятнинг асосини қуриб бўлганимизда ҳар томондан таъна-дашномлар кела бошлади. Кимлардир бу жамиятни Каримов режимига хизмат қилдиришга киришди. Кимлардир жамиятнинг “қироли” бўлишни истади. Кимлардир бизни ўз манфаатини ўйлаб иш қилмоқда деб айблади. Яна кимлардир жамиятни ўзларининг диний мақсадлари йўлига бурмоқчи бўлишди. Қарасам бу жамиятнинг истиқболи йўқ. Ўзимни четга олдим.  Орадан йилллар ўтди, аммо жамиятнинг асоси ўша ҳолича қолди.

Шундан бери бу ердаги ўзбеклар билан тўй ва ёки маъракаларда кўришмасак, унчалик алоқамиз йўқ.

Бевосита Ўзбекистондан келган ўзбеклар билан ҳам шундай.  Учрашиб турамиз. Ҳозирга келиб ўзбеклар кўпайиб қолди. Ўзбекистон билан борди-келдилар бошланди. Бошқача айтганда ҳар кимнинг ўз давраси пайдо бўлмоқда. АҚШга илк келган ўзбеклар йиллар давомида “марғилонликлар”, “тошканликлар”, “бухороликлар”, “самарқандликлар”… каби гуруҳларга бўлиниб кетишган. Янги келганлар ҳам шу йўлдан кетадиганга ўхшайдилар. Камина бундай маҳаллийчиликни ёқтирмайман.

Ўзбекистондан келаётган одамлар кўп ва уларнинг айримлари учрашиб турамиз. Гоҳида уйда, гоҳида ташқарида бир пиёла чой устидаги суҳбатлар соатлардан кунларга уланади. Тежаган бўш вақтларни ана шундай учрашувларга сарфлаймиз. Қолаверса, атрофимизда бошқалар ҳам кўп. Улар билан учрашиб туриш ҳам қизиқарли ва мазмунли.

Хуллас, бугунги тезликда давом этса, бир куни Америка ўзбеклар учун ҳам ватан бўлади, ўзбекнинг ўзбек билан учрашиб туриши савол мавзусидан чиқади.

Қайси бир буюк одамнинг гапи бор, “қадам қўйганим озод тупроқ ватанимдир” деган. Ўзбеклар дунёга ёйилмоқда, тилагим, қадамлари озод тупроқларга етсин! Ўзлари билан ўзлари бўлиб қолишдек қобиқни енгиб чиқсинлар!

2004.

Эронийлар ўзбекми, ўзбеклар эронийми?

САВОЛ: Сиз Ўзбекистонда яшаётган эронийлар ҳақида маълумот беришингиз мумкинми?(Меҳрибон).

ЖАВОБ: Маълумки, дунёда барча халқлар  кўчманчиликни бошдан кечирганлар. Бугун “Марказий Осиё” деб аталаётган ва қадимда янада кенгроқ жойни ўз ичига олган Туронзаминда айниқса, кўчманчилик одат бўлган.  Масалан, Туркнинг Ўзбек қабиласи ҳам 15-16 асрларга қадар кўчманчи бўлган.

Бугун муқумият даврида Самарқанд ва унинг яқинларида, (Жиззах, Бухорода) “эронийлар” деб билинган  турклар яшайдилар, улар азалдан ва ҳозир ҳам туркийзабондирлар.  Уйларидаги сўзлашувларда Туркия туркчасига яқин ўзига хос лаҳжани сақлаб қолганлар.

Бугун “эронийлар” дейилган халқ Самарқанднинг асл халқидир. Чунки эрамиздан олдинги бир неча империялар даврида ҳам бу халқ Сўғдиёнанинг асосий аҳолиси ҳисобланган. Аҳамонийлар даврида ҳам улар шаҳарнинг бугунги каби энг марказий қисмида истиқомат қилишган.  Уларнинг қабристонлари тарихи эрамиздан олдинги асрларга бориб тақалиши ҳам ана шундан.

Шу билан бирга нафақат Самарқандда, балки Ўзбекистоннинг аксар қисмида ҳам тарихнинг зайли билан Эрондан ва бошқа жойлардан кўчиб келганлар ҳам жойлашишган. Жумладан, Эроннинг Табриз бўлгаси, баъзи даврларда Хуросон деб аталадиган жойдан ҳам “эронийлар” келиб ўз қавмдошларига қўшилганлар.

Бугунга келиб худди  “Қрим турклари” ибораси каби “эроний” калимаси ҳам бу халқнинг ўзига хос бир номига айланган ва улар буни яширмайдилар, бундан уялмайдилар, балки ифтихор қиладилар. Чунки бу ном уларнинг бу заминда туб аҳоли эканликларини кўрсатиб туради.

Уларнинг бу заминдаги тарихини тўрт даврга бўлиш мумкин.

БИРИНЧИ ДАВР: Эрон -Турон даври. Ҳали Самарқанд Сўғдиёна, Мароқанд каби номлар билан аталган кезларда ҳам улар бу заминда муқим яшаганлар. Афросиёб тарихи бунинг ёрқин мисолидир.

ИККИНЧИ ДАВР: Бу Амир Темурнинг Эрон, Ироқ орқали Туркияга юриш даври. Бу даврда мазкур минтақаларда яшаган туркийзабонлар унинг армиясига қўшилганлар ва шу минтақадаги жуда кўп олимлар, зиёли туркларни Амир Темур Самарқандга кўчирган. “Зафарнома”, “Зафар йўли”, “Темур Тузуклари”да бу ҳақда кўп маълумотлар бор.

УЧИНЧИ ДАВР: Шайбонийхон Самарқандни босиб олиши ва Мирзо Бобурнинг Эрон туркларидан, хусусан Шоҳ Исмоилдан ёрдам сўраган  пайти. Бобир Мирзо Шоҳ Исмоилга мактуб йўллаб, ёрдам сўраши натижасида қарийб саксон минг Эрон турки Самарқандга келиб, Бобурийлар салтанатини, маданиятини ҳимоя этганлар. Бу ҳақда Ўзбек Энциклопедиясининг янги нашрида ҳам батафсил маълумот берилган.

ТЎРТИНЧИ ДАВР: Бу Нодиршоҳнинг Самарқандни ишғол қилган йиллари. Нодир шоҳ чиқиб кетаркан, бир қанча  Эрон турклари ва бир қисм форсийзабонлар ҳам бу ерда қолганлар. “Самарқанд тарихи” китобида ёзилишича, уларнинг бир қисми Хоразм томонларга кўчиб кетишган. Лекин аксарияти бугунга қадар ўзлари дастлаб жойлашган минтақаларда яшаётганларини кузатиш мумкин.

Абу Тоҳирхўжанинг “Самария” (”Самарқанднома”) китобида яна ҳам илгарилаб кетилади ва Самарқанд шаҳрининг пайдо бўлиши Эрон шоҳи Кайковус ҳукмронлиги даврига боғланиб, илк кўчишлар ўша пайтда бўлгани айтилади. Нима бўлганда ҳам Эрон туркларининг Самарқандга  ўз қавмдошлари ёнига кўчишлари тарихда ўз изини қолдирган.

Турон замин аҳолиси тарихан кўчманчи бўлганини ҳисобга олсак, бугунга келиб Ўзбекистонда “эронийлар’ дейилган турклар туб халқлардан бири эканлигини инкор қилиш мумкин эмас. Зотан Самарқанднинг Ўзбекистон таркибида қолиши ҳам улар билан боғлиқ. Ўзбекистон таркибида бўлган Тожикистон Автоном республикаси ажралиб чиқиши жараёнида Самарқандни пойтахт қилиб олишни сўрашади ва  эронийлар – турклар бунга қарши бош кўтарадилар. Шундан кейин Сталин бу шаҳарда аҳоли рўйхатини (1929 йилда) ўтказади. Эроний туркларнинг зиёлилари катта кампания юритадилар ва ўзларини “Ўзбек” деб ёздиришади. Бу Самарқанднинг Ўзбекистон таркибида қолишида муҳим рол ўйнайди. Бу ерда яшаган тожиклар ва эронийлар ўртасида давом этиб келган зиддият ана шунга бориб тақалади.

Эрон турклари Ўзбекистоннинг сиёсий, иқтисодий ва маданий ҳаётида жуда катта рол ўйнаб келишган. Биринчи Ўзбек “Алифбо”сини яратишдан тортиб, турклик туйғуси ва маданиятини сақлаб қолишга қадар уларнинг ҳиссалари беқиёс. Шу боисдан ҳам мустақил Ўзбекистоннинг янги  тарихчилари учун бу соҳа изланишлар ҳудудидир.

Қолаверса, кейинги пайтда ўзбекларнинг келиб чиқиши Табриздан деган маълумотлар пайдо бўлди. Шу пайтга қадар инглиз ва бошқа тилларда мавжуд бўлган илмий маълумотларни ўзбекчада ҳам қабула қила бошлашди. Масалан, “Wikipedia”да  қуйидаги сатрлар бор׃

 „Ўзбек“ сўзи ХIII—ХIV асрларда яшаган Жувайний ва Рашидиддинларнинг асарларидан ҳам бизга маълум. Жумладан, Эрон тарихчиси ва географи Ҳамидуллоҳ Қазвиний „Тарихи Гузида“ номли тарихий асарида 1335 йилда Озарбайжонга юриш қилган аскарларни „ўзбеклар“ деган этник ном билан атайди” дейилади.(қаранг).

Мазкур интернет энциклопедиясининг инглизча “Uzbeks” бўлимида Oxford университети 2002 йилда ўтказган генетикани аниқлаш соҳасида ўтказган тадиқиқотларга таяниб, “ўзбеклар, уйғурлар ва дунганлар гени Кавказ аҳолиси ҳамда Шарқий Осиё ва Жанубий Сибирга яқин эканлиги” айтилади׃(қаранг).

Ана энди дунё харитасига назар солсангиз, Эроннинг Табриз қисми  Кавказ минтақасига киришини кўрасиз.

Демак, тарихчиларнинг олдига савол чиқмоқда׃ ўзбеклар эронийми, эронийлар ўзбекми ёки ҳаммаси туркларми?

2004.

“Амири кор”га келмоқчи бўлсангиз

САВОЛ: Мен Америкага бормоқчиман, у ерда бирорта одам менга ёрдам бериши мумкин-ми?(Қобилжон).

ЖАВОБ: Бу “ёрдам” калимасининг Америкада ва Ўзбекистонда икки хил маъно ташиганини ҳисобга олиб, сизнинг қандай ёрдам сўрашингизга боғлиқ.

Ўзбекистонда бир телефон қилиб, ўқишга киритиб қўйиш, ётоқ билан таъминлаш, имтиҳонлардан ўтмаганда домласига таъсир қилдириш каби тушунчалар ҳам “ёрдам”га киради.

Америкада эса “ёрдам”  биров нон-сувсиз, оч қолса уни бир муддат озиқ-овқат билан таъминлаш, янги кўчиб келган одамга қўлланилган кийим-кечак, мебел, товоқ-қошиқ тўплаб бериш, машинаси бўлмаса манзилига олиб бориб қўйиш тушунчаларини ўз ичига олади.

Бу нарса  маданиятдан эмас, балки турмуш талабидан келиб чиқади.  Чунки бу ерда одамлар якка, мустақил шахс сифатида етишган ва муаммоларини тинмай ишлаб ўзлари ҳал этадилар. “24/7″ деган машҳур ибора бор. Бу дегани ҳафтанинг етти суткасида ҳам тинмай ишлаш дегани. Самарқандлик тожик дўстларимиз ҳазиллашиб Американи  “Амири кор” дейишади.  Бу-ишнинг, меҳнатнинг амри, йўли билан яшаш.

Аммо Афғонистон, Туркия ва Ўзбекистондан келиб бу ерда яшаётганлар сизга ёрдам беришни истайдилар, лекин турмуш талаблари  ва бугунга қадар “ёрдам” берганларидан эшитган дашномлари уларнинг қўлларини “боғлаб” қўйган. Шу боис уларнинг ёрдамлари ҳам мен санаган даражада бўлади. Агар турмуш талабларидан беш-тўрт доллар орттирсалар турли мамлакатларда  қийин вазиятларда қолиб кетган қариндошлари, танишларига кўмаклашишга интиладилар.

Яқинда бир йигит келди. Интернетдан институт адресини топиб, ўқишга кирибди. Келса унга ётоқхона беришмабди. Бунинг устига “Ўқиш учун йилига фалон доллар берасан”, дейишибди. У ҳатто бу ерда овқатланиш учун қанча пул кетишини ёки транспорт харажатини ҳам назарга олмаган. Визаси бўйича ишлаши мумкин экан. Аммо турар жой олиши учун ижтимоий суғурта ҳужжати талаб қилишади. Бу ҳужжатни олишга камида 15 кун кутиши керак. Муаммолар  ичида қолди. Ҳам унинг жасурлигига ҳавасинг келади, ҳам унинг муаммолар билан юзма-юз қолганига раҳминг келади. Бир муддатдан кейин оёққа туриб олди, лекин у омадли экан, уни тасодифлар қутқазди.

Аммо бошқа одам ҳеч кимни танимаслиги ёки  ҳеч кимни топа олмаслиги  ва кўчада қолиши, ёмон йўлларга кириб кетиши ҳеч гап эмас. Шу боис келар экан, бу масалаларни ҳал этиб, кейин йўлга чиқиш керак.

Бу биринчидан, иккинчидан эса кўчадан келган тасодифий бир одамга  ҳамма ҳам эшик очавермайди. Кимдир уни жосус деб ўйлаши, яна кимдир бирор радикал диний гуруҳга аъзо деб  хаёл қилиши мумкин ва ҳоказо. Айниқса, бугун Америкада бу масалага жиддий эътибор берилади.

Қисқа муддатли виза билан келиб бу ерда қолиб кетадиганларга эса ҳозир ҳеч ким ёрдам бермайди. Улар ўз келажакларини хароб қиладилар. Чунки уларнинг иши қонунларга хилоф ҳаракат ва  бу ерда қонунни бузиш оғир оқибатларга олиб келади. Қонунни бузиб қўйган  бўлсангиз танишингиз ҳатто президент бўлса ҳам орага кира олмайди. Ана шунақа гаплар!

Яна ҳам кўпроқ нарса билишни истасангиз  “Ўзбеклар ва Ўзбеклар” китобимга назар солинг.

2004.

Ўзбек тили ва Интернет тили

САВОЛ: Сиёсат жонимга тегди. Сиёсий бўлмаган бир савол бермоқчиман. Яқинда бир хабарда 25-30 йилда дунёдаги 60 фоиз тил йўқолади, дейилганини ўқидим. Ўзбек тили нима бўлади деб ўйлайсиз? (Рустам).

ЖАВОБ: Аслида бу энг катта сиёсий масала. Ўзбек тили 25-30 йилда йўқ бўлмаса ҳам  унинг бугунги аҳволи ўзгармаса келажаги фожеалидир.

Бундан 30-35 йиллар чамаси олдин дунёдаги энг йирик олтита тилдан бир муштарак тил-Эсперанто тили вужудга келтирилган эди. Ўшанда ярим аср ичида бу тил дунёнинг ягона гаплашиладиган тилига айланиши башорат қилинганди. Лекин Эсперанто “ўсмай” қолди. Аммо бу сохта тил билан айни даврда Интернет тили ҳам туғила бошлади ва жуда тез ривожланмоқда. Бугунга келиб, Интернет тилидаги сўз бойлиги Ўзбек тилининг сўз бойлигидан беш маротаба кўпдир ва бу тилни бемалол қўлланадиганлар дунёдаги ўзбекларнинг умумий сонидан 2-3 маротаба ортиқ.

Интернет тилининг бир қисмини Инглиз тили ташкил этади.  Ўтган йиллар давомида Франция, Хитой ва Россия Интернет тилидаги калималарни ўзларининг тилларидаги сўзлар билан алмаштиришга уриндилар. Лекин бу билан “улкан ишғол”ни тўхтата олмаяптилар ва тўхтата олмасалар ҳам керак.

Келажакда дунёда умумий бир тил вужуда келишининг замирида Интернет  мавжуд ва шунинг учун ҳам юз йиллардан кейин бутун дунёда одамлар ягона Интернет тилида бир-бирларини бемалол тушуна оладиган даражага етадилар. Бу ўз навбатида  уларнинг она тилларини таҳлика остига қўяди.

Ўзбек тилига келсак, бу тил бугуннинг ўзида таҳлика остидадир. Биз тил нуқтаи назаридан дунёдаги энг чаласавод гуруҳлар сафига киришимиз мумкин.

Халқ тили, адабий тил ва расмий тил орасидаги кескин фарқ бу чаласаводликнинг бир боисидир.

Интернетдаги истаган бир ўзбек саҳифани очиб кўринг, истаган меҳмонлар китобига кириб кўринг, қани Ўзбек тилининг талаб даражасига жавоб берадиган ёзувларни топа оласиз-ми? Имловий хатолар ёзувларни компютерга киритиш давомида юз беришини инобатга олсак, қолганлари-чи? Оддий жумлани туза олмаслик, замон феълларидаги чалкашлик, қўшма гапларнинг қовушмаслиги, сўзларни нотўғри ўринларда, нотўғри маъноларда қўлланиш, ўз фикрини очиқ тушунтира олмаслик… каби манзарани нафақат Интернетда балки кундалик матбуотда ҳам кўрмоқдамиз. Афсус. Бу фожеанинг бир жиҳати.

Иккинчи жиҳати эса: озгина ақлини таниган ўзбеклар бугун Интернетда асосан Рус тилида ёки Инглиз тилида мулоқот қилишга ўтдилар. Яъни ўз гапларини Ўзбек тилида айтишдан кўра, бошқа тилда айтиш уларга осонроқ келмоқда.

Фожеанинг учинчи жиҳати алифбога, ёзувга муносабат билан боғлиқ. Дунёда бирор-бир халқ ўз ёзувини 100 йилнинг ичида беш марта ўзгартирмаган. Лекин бизнинг халқимиздан чиққан сиёсатчилар бу халқнинг қадриятларини, ўзлигини оёқ ости қилганлари каби, она тилини нафақат ҳимоя эта олмадилар, балки топтадилар, русларнинг талаби билан ёзувини қайта-қайта ўзгартирдилар ва бугун ҳам лотину кирил ёзувлари орасида жонимиз талвасада. Бу эса оммавий чаласаводликка олиб келди.

Мен ҳар куни турли одамлардан ўнлаб “электрон” мактублар оламан. Ҳатто Ўзбекистонда  энг муҳим идорада ишлайдиган одам ўзбекча хатини эплаб ёзолмайди. Ўзини бош вазирликка, оз қолсин президентликка лойиқ кўрадиганлар ҳам шу аҳволда. Кейинги бир йил ичида фақат Муҳиддин деган йигитдан Ўзбек тилининг гўзал ва мукаммал юзини кўрсатадиган бир неча мактуб олдим ва ҳавас қилиб, одамларга кўрсатиб юрибман. Она тилимиздан ана шундай учқунларгина қолаётгани ачинарлидир.

Бунинг устига ўзбек зиёлиларининг бугун ёзган асарлари билан қилган ишлари бир-бирига зид тушиб қолгани халқнинг матбуотдан, китобдан юз ўгиришига, она тили хазинасидан узоқлашишига олиб келди.

Ана шуларнинг ҳаммасини бир нуқтага жамлайдиган бўлсак, Ўзбек тилининг келажаги зулмат ичида эканлигини тасаввур қилиш қийин бўлмайди. Аммо умид ўлган эмас. У ҳолда нима қилиш керак?

Ишни Ўзбек тилини ўрганишдан бошлаш керак. “Гаплаша оламан-ку!” дейишингиз мумкин. Бу эса “Тилимиздан “вотти-вотти”, аста секин кетивотти” деган кинояни эслатади.

2004.

Аёлни камситмоқ учун одамликдан чиқмоқ керак!

САВОЛ: Жуда қисқа қилиб, аёлга ва уни камситганларга қандай баҳо берган бўлар эдингиз?(Зулфия).

ЖАВОБ: Аёл… бу калима қаршисида кишининг илҳоми жўш уради.

Аёлни ардоқлаган арши аълонинг зоти,

Аёлни камситганлар бу дунёнинг исноди!

яъни бизни шоири замон, ошиқи жаҳон, комили даврон, олими карвон, ҳазрати инсон, соҳиби эҳсон, марди мардон этган аёлдир, уни камситмоқ борлиқни камситмоқдир.

Аёл… кўзларида ёш тинмас экан,

Аёл… кўзларига нур инмас экан,

Эркакнинг эрлиги саволдир савол,

Аёлнинг бошига бахт қўнмас экан.

Яъни эркакларнинг зуғуми боис бозорда мардикор, уйида нонга зор, қўллари ўзига дор, беномус дунёда гоҳ беор, гоҳ ночор, ўтмиши зулмат, ғор, истиқбол йўли тор, дилида ўлмаган куни бор, эрини тутган ёр, ўғлини кутган зор аёл! Уни камситмоқ учун одамликдан чиқмоқ керак!

2004.

Садоқатга қаранг!

 

САВОЛ: АҚШ Давлат котиби бир мушукни қабул қилмоқчи эканлиги ҳақида эшитдим. Шу тўғрими? (Дилшод).

ЖАВОБ: Тўғри. Мушукка унинг номини беришган экан. Адаши билан кўришмоқчи. Бугун 2004 йилнинг 10 Август, жума куни Давлат котибининг “қабулида бўлиши”дан олдин бу “Бомбай” туридаги ҳайвон “Йилнинг мушуги” унвонини ҳам олган экан. Бу борада хабарлар ҳам чиқди.

Биласизми, Ғарб ва Шарқ ўртасида жуда кўп соҳаларда фарқ бўлганидек, ҳайвонлар масаласида ҳам жиддий фарқлар бор. Масалан, Америкада бир киши яқин дўстини бемалол “Ит” дейиши мумкин. Бу унинг яқинлигига, содиқлигига ишорат бўлади. Энди тасаввур қилинг, бизда бир киши бошқасини “Ит” деганини…

Собиқ президент Рейганнинг мотам маросимида унинг фарзандларидан бири отасини хотирлар экан, болалигида балиғи ўлиб қолганда, бунинг учун дадаси махсус кўмиш маросими ўтказганини, дуолар ўқиганини эслаганди.

Яқинда Демократик партиянинг қурултойида президентликка номзод Керрининг хислатлари ҳақида гапириб берган қизи, болалигида унинг сичқони нафас олмай қолганда, отаси CПР (юрак уриши, нафас олиши тўхтаган одамни кўкрагига босим бериш билан бирга, унинг бурнини бекитиб, оғзига оғизни қўйиб ҳаво юбориш тиббий усули, бу ҳақда мактабларда ўқитилади)ни қўллаган экан.

Бизда бундай ҳолни жирканиб, нафрат уйғотиш учун айтиш мумкин. Бу ерда ҳурмат уйғотиш учун айтилади.

Америкада ҳар йил Шукрон байрами куни курка(қал-қал товуқ)лар сўйилади. Шу куни президент Оқ уйда махсус маросим ўтказиб бу ерга олиб келинган битта қал-қал товуқни авф этади. Бу ерда президентлар доим ўз кучуклари билан юрганлари (бу кучуклар Оқ уйнинг энг азиз жонзоти ҳисобланади) мамлакат раҳбарларининг ҳайвонот дунёсига яқинликлари деб баҳоланади.

Улар кучукнинг юзидан ўпадилар, кучук ҳам уларнинг юзларини ялаб қўяди… Садоқатга қаранг. Кимларнидир эслатди-а, сизга?

2004.

Севгини дариғ тутманг!

САВОЛ: Сиз нима учун бунча Американи ҳимоя қилиб ёзасиз? Мен ҳам шу ерда яшайман, муслимаман, лекин Америка учун сиз каби адвокатлик қилмайман. Наҳотки сиз Американи тушуна олмасангиз? (Ирода).

ЖАВОБ: Малайзиядан бир ўзбек электрон хат ёзди: ” Менга маслаҳат берсангиз. Дунёда “9-11” дан ташқари яна қаерда инглиз тилини биладиган бир мусулмон учун эркин жой бор”. У “9-11” деганда АҚШни назарда тутган эди. Мен дарҳол жавоб йўлладим.” Ҳали ҳам “9-11” дан эркинроқ жойни топа олмайсиз”. Жавоб йўллаганимдан сўнг мусулмон ҳамкасбларимдан бирига шундай мактуб олганимни айтдим. У ҳам айнан мен каби жавоб қилди. Буни кўпчилик ичи-ичидан эътироф этади. Аммо негадир амалда сир сақлашади.

Бошқа давлатлардан келиб Америкада яшаётганларнинг кўпчилиги бу ерга қуйидаги мақсадлар билан келганлар׃

-ўзи ва оиласининг ҳаётини диктаторлар зулмидан, уруш гирдобидан, диний, этник таъқиблардан қутқариб қолиш;

-эркин дунё, роҳат фароғат дастурхон ва ўз меҳнатига яраша ҳақ олиш;

-ўқиш, илмли бўлиш, бойлик орттириш, замонанинг олдинги одами бўлиш учун.

Ҳар уч тоифа ҳам Америкага жойлашар, унинг фуқаролигини қабул қилар экан, энди бу замин унинг ҳам ватани эканлигини юракдан ҳис этади. Аммо мардлик қилиб буни очиқ айтадиганлар кам. Сабаби эса у таниганлар ва у билганларнинг океан нарёғида қолганлари АҚШни севмасликларида ёки эртага мени ҳам хоин, деб аташмасин, деб чўчиганларида.

Агар сизни Америка қониқтирмаса у ҳолда нега бу ердан кетмайсиз? Уни ичдан бузиш учун-ми? Унга зиён етказиш учун-ми? Агар сиз фаластинликни ҳақ деб билсангиз, у ҳолда нега Американи танладингиз, Фаластинни эмас? Бу зиддият. Бир томондан Америка сизни таҳликадан асраб қолди, уни ватан қилдингиз, иккинчи томондан ундан ҳазар қиласиз. Бу сизнинг бугунги кундаги энг катта фожеангиз. Бу билан нафақат ўзингизни, балки бошқа мусулмонларни ҳам ёмон отлиқ қилаяпсиз.

Тошкентда яшаб турган муҳожирлар тўпланиб, Ўзбекистондан ҳазар қилиб, митинг ўтказишини тасаввур қила олмайман. Ҳукумат у ёқда турсин, кўчада ўтиб қайтаётган ўзбеклар бу муҳожирларнинг таъзирини бериб қўйиши, “Уйинга йўқол!” дейиши турган гап. Барча мусулмон давлатларида ҳам шундай. Демак,  нега биз Америкага севгимизни яширишимиз керак?

Ахир мамлакатимизга хат ёзганда, телефон қилганда у ердагилар меҳнатига яраша ҳақ ололмаётгани, зулм остида эзилаётгани, уй-жой, бойлик орзу бўлиб қолаётганига ачиниб “Америкага келсанг-чи!” демаймизми? Лекин АҚШ учқичлари Афғонистон узра учганда “Бадбахтлар мусулмонларни ўлдиришмоқда”, дейдиган ҳам кўп. Ваҳоланки бадбахт аслида бинладенчилар ва уларнинг тарафдорлари. Уларнинг АҚШ га қарши нафратлари ислом дини билан боғлиқ эмас, йўқотган бойликлари билан боғлиқ. Улар аламзадаликларини яшириб ўз атрофларида одамларни бирлаштириш учун умматчилик ўйинини қилдилар. Агар бинладенчилар самимий бўлишганда “Бутун ҳар америкалик душманимиз ва уни кўрган жойингизда ўлдиринг” деб буюрмаган бўлишарди. Америкада бир неча миллион мусулмон борлигини нима, у билмайдими? Биларди ва сизу биздан яхши биларди. Бу ердаги мусулмонлар дунёдаги энг эркин мусулмонлар эканлиги ва энг тез кўпаётганини ҳам яхши биларди. У шунингдек, қонли ҳужумларидан кейин бу мусулмонларга осон бўлмаслигини ҳам яхши биларди. Шундай экан, бу ерда ислом дини ва бинладенчиларни ажратиб олиш керак.

2001 йилнинг 11-сентябр ҳужуми асли моҳияти билан Америкага қарши эмас, исломга, мусулмонларга қарши ҳужум бўлганди. Мақсадим бундай баттол ҳужумнинг муаллифлари ҳақида ёзиш эмас. Мақсадим Америкадаги мусулмон муҳожирлар ҳақида ёзишдир. Саудия Арабистони бўладими, Ливия бўладими, Сурия ва ёки Эрону Ироқ бўладими, асл келиб чиқишингиз қаердан бўлса ўша жойни севинг, бу сизга Америка тарафидан берилган эркинлик, лекин айни пайтда сиз келган, қучоқ очиб кутиб олган, қорнингизни тўқ, еганингизни бут қилган иккинчи ватанга ҳам севгингизни дариғ тутманг!

Ўзбекларнинг бир мақоли бор: “Бир кун туз еган жойингга қирқ кун салом бер”. Сиз бу ерда қирқ кун эмас, қирқ йилдан ва ундан кўпроқ муддатдан бери нон емоқдасиз ва бундан кейин ҳам ейсиз. Бу ерни сиз ватан деб қабул қила олмасангиз, фарзандларингизнинг, невараларингизнинг ватани бу. Шундай экан, ўзимиз туғилган, ота боболаримиз туғилган заминга меҳримиз бир чандон бўлса, бу заминга севгимиз ўн чандон бўлиши керак эмасми?

Бугун Америка ана шу севгимизга муҳтож ва биз уни кўрсатишимиз керак. Америкадан нафрат қилсак, демак ўзимиздан нафрат қилган бўламиз. Америкада яшаб, ундан нафрат қилган одам бир пайтлар ўзи ташлаб чиқиб келган мамлакатини ҳам сева олмайди. Унинг гаплари ёлғон. Ундай одамнинг самимиятига шубҳа қиламан.

Малайзиядаги ўзбекка яна бир бор такрорлайман: агар сиз эркин бир жой изласангиз ҳали ҳам Америкадан эркинроқ жой топа олмайсиз. Фақат келишингиздан олдин ўйлаб кўринг. Бу ерга келсангиз, нафрат билан эмас, балки севги билан келинг. Ўшанда бу мамлакатда ўз ўрнингизни топасиз ва унинг бугун ҳамда келажагида иштирок этасиз.

2004.

Спорт ва сиёсат

САВОЛ: Олимпиада ўйинлари ҳақида Америка ҳамда Ўзбекистон мисолида нима дейишингиз мумкин? (Расул).

ЖАВОБ: Ҳамма нарсага мантиқ кўзи билан қараганим учун спортнинг баъзи турларига унчалик қизиқишим йўқ. Спорт ҳам ҳаётнинг бир бўлаги, ҳаёт-маот  эмас.

Аммо Олимпиада ўйинларини кузатиб бораман. Жуда кўп мамлакатлар қатори Ўзбекистонда ҳам спортни сиёсий мақсадларда фойдаланиш одат бўлиб бормоқда. Америкада эса спорт энг аввало спортчининг шахсий иши, унинг пул топиш манбаи. Шу боис ҳам халқаро ўйинлар олдидан америкалик спортчилар ватаним шарафини ҳимоя қилишга бормоқдаман, деб кўкракларига урмайдилар. Бундай гапларни кўпроқ аскарлар айтадилар. Спортчилар нима қилсам ҳам ютаман, бу менинг ҳаётим, бу менинг келажагим, бу менинг тақдирим, деб ўйлайдилар. Шу боис улар жўнаб кетар эканлар, президент ёки ҳукумат раҳбарлари нутқ сўзламайдилар, ютганларида  телеграммалар юбормайдилар, хат ёзмайдилар, орденлар бериш ҳақида фармон чиқармайдилар, уларнинг ишига аралашадиган Спорт комитети ҳам йўқ.

Баъзан баъзи сиёсатчилар спортдан ҳам фойдаланиб қолишга уриниб турадилар.

Лекин спорт эркин соҳа ва уни мустақил ташкилотлар бошқарадилар. Мактаблар, олий ўқув юртлари, ота-оналар бу масалага катта эътибор берадилар. Спортда ҳам саломатлик, ҳам даромадлик ёнма-ён.

Олимпиада ўйинларида Американинг энг кўп ютуқларни қўлга киритиши у ерга борган ҳар бир америкаликнинг ўзи бир эркин Америка эканидадир. Қачонки Олимпиадага борадиган ҳар бир ўзбекистонликнинг ҳам ўзи бир эркин Ўзбекистон бўлганда балки олтин, кумуш, бронза медаллари Тошкентга томон “оқиши” мумкин.

Келажакда Ўзбекистондан ҳам дунё танийдиган кучли спортчилар чиқишига ишонаман.

2004.

Сўроқномлар

САВОЛ: Интернет сайтларидаги “сурвей”-сўровномалар  ҳақида нима дея оласиз (Зайнобиддин).

ЖАВОБ: Бу ҳам бир рангба-ранглик. Лекин сўровномаларга ишонмайман. Улар ҳақиқатни акс эттирмайдилар. Ҳатто демократик ва ривожланган давлатларда ҳам сўровномаларга жавоб берувчиар ўз манафаатларини назарда тутган ҳолда саволга бошқа жавоб бериб, амалда бошқа иш қилишлари мумкин.

Интернетда эса бу бир ғирром сиёсатга ўхшайди. Яъни бошқаларни ҳам, ўз-ўзини ҳам алдаш. Масалан, сўровномани эълон қилган веб саҳифаларга кириб кўринг ва бирортасида ўша саҳифа эгаларининг мақсадига қарши кўпроқ овоз берилганини кўрмайсиз. Аксинча “ўзларини” қўллаганлар кўп ва рақибларини қўллаганлар кам. Бунинг сабаби эса оддий. Улар ҳар куни ўз саҳифаларига кирганларида ўзлари учун овоз бериб қўяверадилар…

Сўровномалар икки хил бўлади. Бирида сиз фақат бир марта овоз бера оласиз ва сиз овоз берган компютердан бошқа сигнал қабул қилинмайди. Аммо бу чеклов веб саҳифани юритувчиларга тааллуқли эмас. Иккинчиси эса жуда содда ўқувчилар учун мўлжалланган ва истаган одам истагани қадар овоз бераверади.

Энди демократияга ўтаётган мамлакатларда сиёсий партиялар турли сўров ташкилотлари орқали халқни ўз орқаларидан эргаштиришга уринадилар. Масалан, сўров натижаларига кўра фалон партия кўп овоз олибди, менинг овозим нимани ҳам ҳал қилар эди, мен ҳам унга қўшиламан, деган фикр уйғотишни истайдилар. Баъзан бунга муваффақ бўладилар, аммо бора-бора одамлар сўровлар натижаларига ишонмайдилар. Бу эса мазкур иш билан шуғулланадиган ташкилотларни адолатли ишлашга чорлайди. Америкада шундай ташкилотларнинг ишига асосан сайлов натижаларига қараб баҳо беришади. Агар ўртада катта фарқ чиқиб қолса, бу ташкилотнинг келажаги битади.

Қисқа қилиб сўровномаларни сўроқ(“?”)номалар дея изоҳлаш мумкин.

2004.

Ёзиш қийин… ёзмаслик осон…

САВОЛ: Сизга ёзиш қийин… ёзмаслик осон… Нима учун овозингиз мунгли? (Низомиддин).

ЖАВОБ: Ёзиш қийин. Ёзмаслик осон бўлишига қарамай қийин йўлни танлаганингиз қувонарли ҳол. Баъзан жуда қисқа мактублар ҳам жуда катта маъноларни ташийдилар.

Овоз масаласида: халқимиз ўзининг энг оғир кунларини яшаётган бир пайтда сизга юзланиб, овозингиз мамнуният билан тўла,  деса балки ранжиган бўлардингиз.  бугун қувонадиган ҳолат оз. Балки кўролмаётгандирмиз. Бир кун келиб овоз мунгдан ажралса не бахт?! Ким ҳам мунгга боғланиб қолишни истайди? Ким ҳам қувонишни истамайди?

Оддий нарсалардан қувониб, оддий нарсалардан ранжиб юриш ҳақида гап бораётгани йўқ. Гап кишининг ўзлигига ранги инувчи  улкан дард ҳақида бормоқда.  Бу биз ҳам бир парчаси бўлган халқнинг дардидир. Уни кўра олиш, ҳис қила билиш, елкага юклаш, унинг азоблари қўйнида эзилиш не дариғки бизга “насиб” этган экан.

Ниятимиз соф: келажак авлод бу дарддан, бу азобдан фориғ бўлсин!

Ҳа, бизга ёзиш қийин… ёзмаслик осон… Лекин қийин йўлни танлаётганлар сони кўпайиб бормоқда.

Бу эса ёруғ кунларнинг, дарднинг чекинишининг ибтидосидир.

2004.

Қўрқув синмоқда

САВОЛ: Сиз Америкага келган жуда кўп ўзбеклар билан учрашиб тураман, деб ёзибсиз. Улар сиз билан учрашишга қўрқмайдиларми?(Гўзал).

ЖАВОБ: Камина ҳам кўплар қатори бир оддий одам, ҳар ҳолда қўрқинчли бўлмасам керак.

Бу масаланинг бир томони, иккинчи  томони шу-ки, халқимга, Ватанимга, инсониятга қарши бирор жиноят қилганим йўқ ва бирор жинояти учун қочиб юрган одам ҳам эмасман.

Бугунга қадар виждонимга қарши ва виждонимни қийнайдиган бирор номақбул ҳаракатга қўл урганим йўқ. Шукур Худойимга! Виждон буюрганини айтганим, халқ ва ватанга яхшилик келадиган йўлга томон одимлаганим учун кимларгадир ёқмадим. Бунинг учун ўксинмайман. Қувғин этишди, туҳмат қилишди, қора чапламоқчи бўлишди. Аммо вақт кўрсатди-ки, жиноят, қабиҳлик, адолатсизлик томонида эмас, балки адолат, ҳақиқат, ростгўйлик томонида турган ва шу йўлдан ҳеч қайтмасдан, иккиланмасдан ўз сўзини айтган одам ажрини шу ҳаётдалигдаёқ оларкан.

Ҳамма вақт одамларга жиноий йўлни эмас, қонуний йўлни тавсия этдим. Ҳамма вақт диктатурани эмас, демократияни ёқладим. Бундан кейин ҳам шундай бўлади ва буни билганларнинг баъзилари учрашишга қўрқадилар, баъзилари қўрқмайдилар. Бу уларнинг ваколатига оид. Шукрки, қўрқмайдиганлар кўпаймоқда.

Илгарилари “Учрашиб қолсак, кейин ҳукумат авлод-аждодимиз билан қуритиб юборади” деб мулоҳазага борганлар бўлган ва бугун ҳам балки бор бордир? Қўрққан ҳатто ўз соясидан ҳам қўрқади. Бир киши доим “Нега ундай қилмайсиз? Нега бундай қилмайсиз?” деб хат ёзади. Аммо ўзи бир нарса ёзиш у ёқда турсин, ҳатто исмини очиқ айтишдан қўрқади. Албатта, бундайлар билан учрашишга ҳам хохиш йўқ.

Биз билан учрашган ўзбекларнинг ҳаммасини терговга тортиш, қувғин қилиш билан шуғулланганда ҳукуматнинг бошқа ишга вақти қолмаган бўларди.

Қолаверса, кейинги пайтда Ўзбекистондан очиқ мактуб ёзаётганлар жуда кўпайиб кетгани ва Америкага келаётган ўзбеклар учрашишга интилишлари одамларда ички қўрқув синмаса ҳам синиш томон бораётганини кўрсатади.

Яқинда бир тележурналист йигит келди. Унинг қайтиб кетгандан кейин ёзган электрон хатидан бир парча келтирмоқчиман, бу кўп нарсани ойдинлаштиради:

“Ватанга яхши етиб келдим. Ҳаммаси жойида. Фақат қайтишим билан бу ердаги муҳитга яна қайта мослашишим жуда қийин бўлди. Чунки Ўзбекистонда айтарли ўзгариш бўлмаган, халқнинг аҳволи аввалгидан-да хароблашган, иқтисодий қийинчиликлар ҳамон давом этяпти. Келиб кўрдимки, одамлар мавжуд тузумдан ниҳоятда норози, сабр косалари тўлиб бораётир. Ҳозирда 2 та одам йиғилса, дарров сиёсатдан гап очилади ва очиқчасига ёзғиришаётганига гувоҳ бўляпман. Оддий қишлоқ одамидан тортиб, манаман деган олим-у зиёлиларгача—ҳамма-ҳамма мавжуд режимдан ниҳоятда норози ва буни яширмайдилар ҳам. Хуллас, вазият тобора издан чиқиб боряпти.

Майли, бу гаплар сиз учун янгилик эмас. Ватандан узоқда бўлсангиз-да буларни мендан яхшироқ биласиз. Сизни яқин келажакда Ватанда кўришни Худодан сўраймиз, барчамиз. Шу жабрдийда халқнинг аҳволини ўз кўзингиз билан кўриш насиб этсин, илойим.

Сиз билан учрашиб, уйингизда меҳмон бўлганим ҳақида дадамга айтдим. Аввалига қўрқиб кетдилар, кейин жудаям хурсанд бўлдилар. Жаҳонгир Маматовдай одам билан учрашибсан, зўр иш бўпти, фақат буни ҳеч кимга айтма, деб қаттиқ тайинладилар. Кейин сиз ҳақингизда гапириб кетдилар. Билдимки, ҳали сизни жуда яхши эсларкан, эслагандаям миннатдор бўлиб, ҳақиқатгўй одам эдилар, деб хотирлашакан.

Мен қаттиқ ишонаманки, вазият шундайлигича қолиб кетмайди. Ҳали ҳақиқий маънодаги дориломон кунлар албатта келади”.

Овмин! Шу муҳтарам, қобилиятли укамизнинг айтгани келсин! Аслида саволга жавоб ҳам шу укамизнинг хатида мужассам.

2004.

Орага манфаат кирса…

САВОЛ: Худога, динга ишонганини пеш қилиш ҳам сиёсат эмас-ми? (Назира).

ЖАВОБ: Аслида ҳамма нарсанинг сиёсий томонлари бўлади. Ҳатто нафас олиш ҳам сиёсат бўлиши мумкин. Агар унинг ортида қандайдир манфаат бекинган бўлса.

Худога ишониш масаласига келганда кимнинг қай даражада ишонишини Худонинг ўзи билади. Бу хусусда бандалари ҳакамлик қилиш ваколатига эга эмас. Шундай экан, “Мен бу қадар ишонаман, сен эса у қадар” дейиш ҳам Худонинг ваколатига шериклик қилиш, яъни шак келтириш демакдир. Аммо бу масалани сиёсий мақсадларда қўлланувчиларга бунинг фарқи йўқ. Улар ўзларини ҳаками мутлоқ деб ҳисоблайдилар ва ҳатто бир бегуноҳни ҳам динсиз деб ҳукм  чиқараверадилар.

Бир ривоят ёдимга тушди. Бандалардан бири ҳар куни ибодатларини вақтида қилар ва бошқа фарзларни ҳам қоидаси билан адо этар экан, аммо қўшниси бепарво, ўз иши билан банд. Ибодатгўй  ҳар куни қўшнисига дакки бериб, “Сен Худога ишонмайсан” дер ва бу гапини маҳалла кўйда ҳам такрорлаб “Мен ибодатимни вақтида қиламан, фалончи эса қилмайди” дер экан. Улар ўлганларидан кейин уламолардан бири, “Ҳар ҳолда ибодатгўй  жазосини олган бўлса керак?’ дебди. Унинг бу гапига ҳайрон бўлишибди. Шунда фозил киши:  “У Худога ишонишини сиёсатга айлантирган эди-да. Агар вақтида ибодат қилса, бу, жумладан, Худодан ўзининг гуноҳларини авф этишни сўраш, у дунёдан яхшироқ жой олиш учун интилишдир, яъни мутлоқ ўзи билан боғлиқ вазият. Бу ҳар кимнинг ҳаққи. Аммо буни пеш қилиб, қўшнисини айблагани билан гуноҳга ботди” деган экан.

Бу бир ривоят. Лекин бир киши Худога ишонганини, динга ишонганини пеш қилиб, амалда одамларга ёмонлик раво кўрса, иғво бўҳтонларга замин яратса, яхшиликнинг кўчасидан ўтмаса, фақат ўзини ўйласа ва бошқаларни Худога ишонмайдиган деб билса, у одамнинг сиёсий, оний манфаатлари бордир. Яхшилаб ўрганиб чиқсангиз у ўтмишда Худога қарши чиққан бўлиши ва келажакда яна шу йўлига қайтиши ёки акси ҳам бўлиши мумкин. Чунки манфаат одамни турли куйларга солади. Орага манфаат кирганда самимийлик йўқолади.

Хуллас, назаримда Худога, динга ишонганини пеш қилавериш каттагина сиёсатдир.

2004.

Овози ёқимли

САВОЛ:Яқинда санъаткор Юлдуз Усмонова Америкага бориб келди. Шу ҳақда сўрамоқчи эдим… (Абдурасул).

ЖАВОБ: Юлдуз Усмонова келиб кетгани ҳақида эшитгандим. Унинг “Ўзбекистон демократияси дунёдаги энг ибратли демократия экани” ҳақидаги интервьюси борасида ҳам эшитгандим. Америкада яшайдиган бухоролик яҳудийлар жамоаси тез-тез Ўзбекистондан санъаткорларни олиб келиб турадилар. Бу уларнинг анъанасига айланган.

Концертида Юлдуз Усмонова ватандан чиқиб кетганларни “хоинлар”, “ватанфурушлар”, “тупроқгадолар” деб атаган қўшиғини ҳам ижро этдими, йўқми, билмайман.

У бир “сапчиб” маддоҳлар сирасига кирганда “Ўзбекистон қаҳрамони” унвони олмаганига ажаблангандим. Чунки маддоҳлик борасидаги хизматлари олдинги “қаҳрамон”лардан ошса ошди-ки, кам эмас.

Унинг бир пайтлар “Шоҳни ҳам гадони ҳам бир йўлда кўр, бир йўлда” деган қўшиғи бўларди. Бу қўшиғи билан ҳаммани ақлга чақириб, ўзига қолганда бошқа йўлни танлади.

Халқ санъаткорлар, адиблар, зиёлиларга жуда ишонади. Буни билган золим режимлар халқни алдашда уларни қўлланадилар. Шу боис бир миллатнинг бошига оғир кунлар тушган бўлса, бу офатнинг аравасини тортиб келганлар бегона эмас, шу миллатнинг “гуллари”, “юлдузлари” эканлигини ҳам билиш керак.

Аммо Юлдуз бугун замин, эртага осмон, бугун сув, эртага олов. Қолаверса, овози ёқимли. Ҳамма ҳам ёқимли нарсадан юз  ўгиравермайди. 2004.

Кимнинг кимлигини биладилар

САВОЛ: Америкага бораётган ўзбекларни танисангиз ҳам танимасангиз ҳам учрашаверсангиз, улардан баъзилари МХХ одами бўлса нима қиласиз? (Аҳмад).

ЖАВОБ: Аввало танисам ҳам танимасам ҳам учрашавераман, демагандим.

Қолаверса МХХ да ишлайдиганларни кўп ҳам ахмоқ деб ўйлаш керак эмас. Улар кимни қўлга олиш, кимни олиш мумкин эмаслигини яхши билсалар керак. Бу биринчидан.

Иккинчидан эса, агар ҳар қандай одамлари келган тақдирда ҳам у қарашларимни суяб турган кучли ва мантиқли далилларимдан кейин  диктатурага қарши курашчи  бўлиб қолишидан, демократияга ён босишидан чўчийдилар.

Учинчидан,  яширадиган бир нарсам йўқ. Айтадиган гапимнинг ҳаммасини очиқ айтмоқдаман ва сиз каби улар ҳам бемалол ўқиш имконига эгадирлар.

Тўртинчидан, бундай усулларни  Америка дарҳол пайқаб қолишини ҳам биладилар. Демакки, уларнинг манфаатига зид.

Шундай экан, ортиқча бош оғриғи нима учун керак, уларга?!

2004.

Келажакнинг байрами

САВОЛ: Мустақиллик байрамини қандай нишонладингиз? (Манзура).

ЖАВОБ: Мустақиллик байрамини 20 июнда нишонлаган эдим. Чунки 1990 йилнинг шу куни Ўзбекистон Олий Кенгаши томонидан Мустақиллик декларацияси эълон қилинган ва катта байрам бўлган. Мен бу ҳодисанинг бевосита иштирокчиси бўлганим учун ҳам бу куннинг аҳамиятини яхши англайман.

Аммо орадан бир йил ўтиб, бу масалани Ислом Каримов кўтариб чиққанда  ҳатто битта депутат ҳам қарсак чалмади. Шунда у “Нега қарсак чалмаяпсизлар?” деб сўраган ҳам эди.

Мустақиллик илк эълон қилинганда Совет тузуми ҳали оёқда ва бу одим жасорат, кураш, қулликка қарши исён рамзи эди. Шу боис ҳамма қувонганди, байрам қилганди.

Аммо иккинчи бор эълон қилинганда, Совет тузуми йиқилиб бўлган ва бу одим қўлга киритилган Мустақилликни бир шахснинг маҳрига боғлаш эди, шу боис ҳам ҳеч ким қувонмаганди.

Ишонаманки, келажак бу байрам масаласида ўз қарорини барибир чиқаради.

2004.

Сталинчилар

САВОЛ: Россиядаги мактабда юзлаб болалар ўлдирилгани фожеасига қандай муносабат билдирасиз?(Орифжон).

ЖАВОБ: Бир сўз билан айтганда “Даҳшат!” бу!

…Яқинда АҚШнинг Эй-би-си телевидениеси “Жюри хонасида” деган бир туркум кўрсатувлар бошлатди. Мавзу суддаги воқеалар ва ҳукм чиқаришда халқ маслаҳатчилари(жюри аъзолари)нинг ўрни ҳақида.

Кўрсатувлардан биридаги воқеа шундай: ўрта ёшли аёл машинасида зиёфатга боради, ичкилик ичади, маст бўлади ва қайтаётганда қаршисидан келаётган мотоциклни уриб юборади. Мотоциклда бўлган ота тирик қолиб, 17 ёшли ўғли ҳалок бўлади. Ота ёлғиз, бу дунёда суянган тоғи фақат шу ўғли экан. Халқ маслаҳатчилари машина ҳайдаган аёлни айбдор деб топиб, умрбод қамоқ жазосини талаб қилдилар. Судга келган ёлғиз ота охирида сўз олиб, лаблари титраб, кўзида ёш ҳалқаланиб, “Аёлнинг гуноҳини мен кечирдим, сизлар ҳам кечиринглар”, деб ёлворди.

Ундан “Шу пайтга қадар ўлим жазоси берилишини талаб қилаётган эдинг, нега энди  гуноҳидан ўтишни истаяпсан?” деб сўрашганида, у “Аёлнинг ёшгина қизчаси бор экан, унинг кўз ёшларига чидай олмадим, яна бир бола хароб бўлишини истамадим”-деди. Бу иродали, соғлом инсон руҳиятининг инъикоси.

Путин Чеченистонда зулм машинасини юргизмоқда…

Чечен болалари, оналари ўлмоқдалар…

Чечен халқи қирилиб кетмоқда. Бунга қараб туриб бўлмайди. Буни бутун дунё қоралаб келмоқда.

Лекин бунинг учун бегуноҳ гўдакларни асир олиш, уч кун сувсиз-овқатсиз сақлаш, уларга қарши ўқ отиш… буни тушуна олмайман ва қабул ҳам қила олмайман. Буни қабул қиладиган инсоннинг руҳиятида қандайдир нуқс бор. Франциядаги ҳижоб масаласининг илк бор мактабга бориш қувончини яшаётган болага нима алоқаси бор?! Арабларнинг Чечен келажагига нима дахли бор? Қамоққа олинган чеченларнинг энди алифбони ўрганишга бошлаган гўдакка қандай тааллуқли ери бор?

Болаларни гаровга олиш билан Чеченистонни мустақил қилиш  йўлидаги ғовни янада кучлантиришга хизмат қилинажагини тушуниш учун у қадар ақлли бўлиш ҳам талаб қилинмайди. Бундай ҳаракатлар фақат нафрат олиб келади, зулмни кучайтиради, яна қон тўкилиши учун замин яратади.

Болалар, гўдакларни ўлдириб, уларнинг қони билан бўялган мустақилликнинг кимга кераги бор?

Бу саволим “Мустақиллик аввал, жон кейин!” дейдиганларга ёқмайди. Аммо  шундай шиор билан чиққанларнинг кўпини кўрдим, улар мустақил бўлган ўлкаларини ташлаб кетдилар ёки ташлаб кетмоқ мажбуриятида қолдилар. Нима учун? Жонларини сақлаш учун. Қанча-қанча мамлакатларда ҳам одамлар мустақил ўлкаларини ташлаб қочмоқдалар, жонларини сақлаш учун  Демакки, инсон жони, инсон ҳаёти олдинда турар экан…

Бир латифа ёдимга тушди.

Сталин “Ватан учун олға!”- деган экан, ҳамма ўзини ўтга отибди. Бир киши окопда қолибди.

-Сен нега Ватан учун майдонга чиқмадинг?-деб сўрабди ундан ярадор аскар.

-Мен  ҳам ўлсам, Ватан кимга қолади?-деб жавоб қилибди у.

-Кимга? Сталинга!- деб жон берган экан ярадор аскар.

“Сталин”лар эмин-эркин, фаровон яшаши учун бегуноҳ болаларни гаровга олиш ва ўлдиришнинг номи мустақиллик  йўлидаги кураш бўладиган бўлса, сизни билмадиму лекин бундай курашни қоралайман!

“Мустақилик учун курашнинг қонсиз йўли ҳам бор!… Агар Сизга инсон умрининг аҳамияти бўлса, менинг йўлимни танлашингиз керак!”- деганди Ганди.

Табиийки Путин кабиларнинг ҳам айби катта. Путинлар ҳам сталинларнинг бир тури. Акс тақдирда шунча болани қутқаришнинг йўлини топган бўлардилар. Уларга ҳам инсон умрининг аҳамияти қолмаган! Террорчилар эса уларнинг тегирмонига сув қуймоқдалар, зулмнинг тегирмон тоши юриб туришига хизмат қилиб бермоқдалар…

2004.

Сайт ҳақида

САВОЛ: Сайтингизни юритиш учун Американинг қайси ташкилотидан грант оласиз? (Дилдора).

ЖАВОБ: Саҳифамни шахсан меҳнат қилиб топган пулим эвазига юритаман. Баъзилар каби турли баҳоналар қилиб, грант олиб ҳам юритиш мумкин. Лекин бу  муттаҳамчилик бўлади.  Агар жамоатчилик саҳифаси бўлганда ҳам бошқа гап эди. Бу шахсий саҳифам бўлгани учун унинг масрафлари ҳам ўз бўйнимда бўлиши керак  Агар яхшиликка хизмат қилса, ҳақиқатни топишда кимгадир, қандайдир фойдаси тегса  демак шунинг савоби етади.

Дарвоқе, ҳеч қандай пул сарфламасдан бошқалар яратган майдонларда ҳам веб саҳифа очиш мумкин. Аммо унда уларга қарам бўлиб қоласиз. Масалан, рекламаларини суқадилар. Рекламалари қарашларингизга зид бўлса ҳам ҳеч нарса қила олмайсиз. Истаган пайтда сизга тазйиқ ўтказишлари ҳам мумкин ёки сизнинг номингизни қўлланиб улар грант олиб юрадилар ва ҳоказо.Қарам бўлиб юрмаслик эса ҳар доим ҳам мушкул. Лекин барибир эркин бўлишнинг гашти бошқача.

Грант ҳисобига юритиладиган ўзбек тилидаги веб саҳифалар кўп. Аммо улар пул талаши чиқиб қолади, деб бу ҳақда гап очмайдилар. Яъни бошқаларни ишлатиб, грантни эса ўзларининг мулкларига айлантириб олганлари очилиб қолишидан қўрқадилар. Лекин барибир бир куни ҳаммаси аён бўлади, худди Ленинга революция қилиши учун пул берганларнинг рўйхати тарих китобларидан ўрин олгани каби.

2004.

Ёмондан яхшига

САВОЛ: Биринчи ёзган мақолангиз ёки шеърингизни эслай оласизми, у нима ҳақда бўлган? (Зулфия).

ЖАВОБ: Айнан фалон мақолам биринчиси эди ёки мана бу шеърим илк ёзилганди, деб айтишим қийин. Чунки илк бор мақола ёзганимда жуда ёш эдим. Аслида у мақола ҳам бўлмаган. Ўқитувчимиз қайси бир мавзуда эркин иш ёздирган ва меники синфда энг яхши деб топилганди. Ўшанда ҳали мактабнинг ўрта синфида ўқир эдим ва ёзган нарсамни қайтадан қоғозга тушириб почтачи Ҳаким аканинг ёрдами билан Самарқанд туманининг “Шарқ тонги” газетасига юборганман.

Газетанинг тўртинчи саҳифасида 3-4 қаторли бир нарса чиққан ва унга 44 тийин қалам ҳақи ҳам келган. Шундан кейин мактабни тугатгунга қадар бу ва вилоят, республика газеталарида беш юздан зиёд “ёзганларим” чиққан.

Ўша кезлари Тошкент Давлат университетининг Журналистика факултетига кирувчилардан матбуотда чиққан мақолаларини тўплаб, альбом шаклида қабул комиссиясига олиб келиш қоидаси бор эди. Биз ўқишга кирган йили кейинчалик бизга дарс берган домламиз Мухтор Худойқулов қабул комиссиясида экан ва тўплаб келган мақолалар, шеърлар, кичик ҳикояларимни кўриб бирга келган раҳматли онамга “Ўғлингиз ўқимаса ҳам бўларкан, аллақачон ёзиш планини тўлдириб қўйибди” деганди.

Мактабдаги “журналист”лигимдан бир воқеа ёдимга тушди. Расулов деган ўқитувчимиз бор эди ва ҳамма ундан қўрқарди. Болалар нос, папирос чекишса, ланка ўйнашса, қўнғироқ чалинганига қарамасдан дарсга киришмаса у ҳеч нарса демасдан қўлнинг қўлтиққа яқин жойидан шундай чимчилар эди-ки, қутилиб қочиш мумкин бўлмай, кўзнинг киприги юлдузчаларга айланиб кетарди. Қўлнинг ўша жойи икки-уч ҳафтага қадар қоп-қора бўлиб турарди. Ҳамма бола, жумладан мен ҳам Расуловдан нафрат қилардим.

Ёзганларимни “Шарқ тонги” газетасининг Маданият бўлим мудири Абдусалом Муҳаммадалиевга олиб борардим. Бир боришимда Қишлоқ хўжалик бўлимида ишлайдиган журналист Эргаш Султонов мактабимизнинг маккажўхори етиштирадиган бригадаси ҳақида  мақола ёзишни сўради.

Дарсдан кейин далага бордим. Дала Тошкент-Термез шоҳ йўлининг яқинида эди. Борсам,  бир оёқяланг, семиз киши бошини рўмолча билан боғлаб олиб, маккажўхоризорга сув қуяётган экан. Танидим,  Расулов эди. Ёнига боргим келмади. Аммо у кўриб қолиб, чақирди ва нимага келганимни сўради. Қўрқиб, қалтираб мақсадимни айтдим. У қўлбола супага таклиф қилди, у ерда ўнга яқин битирувчилар дарс қилиб ўтиришганди.

Расулов  бир пиёла чой узатиб, эринмасдан кўп нарсани гапириб, тушунтириб берди. Болалар кўзларининг тагидан менга қараб қўйишарди. Улар дарсдан кейин ишлаб, мактабнинг янги биноси учун пул тўплаётган эканлар. Расулов уларга битириш имтиҳонларига тайёргарлик қилиш учун имкон яратиб, уларнинг ўрнига ўзи ишлаётган экан.

Қўлимдаги 12 варақлик дафтарим тўлиб кетди. Биз гаплашиб ўтирганда даланинг бир қисмини сув босибди. Қўрқиб кетдим. Расулов яқинлашар экан, ҳозир қўлимдан чимчиб олади, деб ўйладим, у эса бошимни силаб:

-Қўрқма, биз маккани силос учун етиштираяпмиз, сувлик бўлади,- деб жилмайди.

Унга бўлган нафратим, ҳурмат томонга оға бошлади. Ҳозирга қадар бировдан нафрат қилсам шу воқеа эсимга тушади ва балки ўша одамнинг ҳали мен билмаган яхши томонлари бўлса-чи, деб ўйлаб қоламан.

2004.

Тўйи мавзу эмас, азаси мавзу

САВОЛ: Кейинги йилларда юз бераётган даҳшатли воқеалар дунёнинг охири келганидан белги эмас-ми? (Рустам).

ЖАВОБ: Oптимистман. Менимча “Дунёнинг охири келмоқда”, дейиш бу келажакдан умидни узишдир. Лекин Дунёнинг охири келиб-келмагани бизнинг қўлимизда эмаслигини ва бизнинг қарашларимизга боғлиқ бўлмаганини ҳисобга олсак, яна Яратганнинг ўзи билади.

Кейинги йилларда юз берган даҳшатли фожеалар, офатлар, ҳалокатлар Дунё пайдо бўлганидан бери у бошидан кечирганлари олдида ҳеч нарсадек гап. Қора денгиз остида қолган мамлакатдан бошлаб, Орол тагида кўмилган шаҳарга қадар қанчадан-қанча офатларда миллионлаб одамлар йўқолиб кетганлар. Зилзилалар, кўчкилар ва ниҳоят тинимсиз урушлар…

Фақат бугун дунёнинг бир бурчагида сув икки кишини оқизиб кетса ҳам дарҳол хабарини эшитамиз.

Хабарнинг асоси воқеа бўлгани учун ҳар куни, ҳар соатда бир фожеа ҳақида эшитиб, ўқиб бормоқдамиз. Бунинг устига воқеанинг ипидан игнасигача телевидениедан кўриш имкони ҳам мавжуд. Бунинг инсон руҳиятига таъсири катта. Дунё улкан ва тўйи билан азаси ёнма-ён. Тўйи мавзу эмас, азаси мавзу. Шу боис баъзиларга Дунёнинг охири келгандек туюлади.

Тарих китобларини варақласангиз, бугунгилардан ҳам даҳшатли воқеалар ҳақида ўқийсиз. Шундай миллионлаб мисоллардан фақат биттаси ҳақида Абу Бакр Муҳаммад ибн Жаъфар  Наршахийнинг “Бухоро тарихи” китоби(“Фан” нашриёти,Тошкент,1996, 44 бет)да ўқишингиз мумкин. Муаллиф арабл босқинчилиги ҳақида тўхталар экан, жумладан шундай мисол келтиради:

“Қутайба Хунбунга етиб келганда, унга “Ҳисорнинг кишилари қўзғолон қилиб, амирни ўлдирди”, деган хабарни етказадилар. Қутайба лашкарига “Боринглар, Байканни талон-тарож қилинглар, уларнинг қонларини (тўкишни) ва молларини (олишни) ҳалол қилдим” деб буйруқ берди. (Қўзғолон) сабаби шу эди: байкандлик бир кишининг соҳибжамол икки қизи бор эди. Варқо ибн Наср иккаласини ҳам ўзига олди, шунда у киши, “Байканд катта шаҳар, нима учун сен бутун шаҳардан фақат менинг икки қизимни танлаб оласан?”-деди. Варқо жавоб бермади, у киши сакраб туриб Варқонинг киндигига пичоқ урди, лекин бундан бир иш чиқмади- Варқо ўлмай қолди. Бу хабар Қутайбага етгач, у қайтиб Байкандга келди ва у ерда кимки урушга яроқли бўлса, ҳаммасини олдирди ва қолганларини асир қилиб олди, шундай қилиб, Байкандда ҳеч ким қолмади ва Байканд хароб бўлди…”

Хуллас, Дунё бизга қадар ҳам бор эди ва биздан кейин ҳам бўлади, табиийки фожеалари билан.

2004.

Ишонч йўқолган

САВОЛ: “Ҳаракат” журналидаги ”Мухолифат нима қилиши керак, нима  қилмоқда?” [3-(48)-2004]  деган мақолада: “Америка овози” радиосининг Вашингтондаги марказий офисида ишлайдиган ўзбек журналистлари эса Ўзбекистондаги мухбирларига “Мухолифатга яқин бўлсанг ишдан ҳайдаймиз” деб таҳдид қилиб туришдан ҳам чўчишмаган” дейилади. Шу гапга нима дейсиз? Радио ёпилиб кетганига қарамай бунга жавоб беришингиз мумкинми? (Аброрхон).

ЖАВОБ:  Бу саволни радио ёпилмасдан олдин берганингизда ҳам жавоб бериш мумкин эди. Иддаода қисман жон бор. Гап шундаки, радио кимларнингдир шахсий манфаатлари йўлида қурол бўлиб қолмасин, дея барча хизматларда ишлайдиганларнинг мустақил бўлиши шарт қилиб қўйилган. Бу Ўзбек хизматига ҳам тааллуқли эди ва буни тўғри деб биламан.

Радиога шга ўтаётганимда исмим “Ҳаракат” журнали таҳририяти аъзолари рўйхатида бўлгани учун “дўст”ларимиздан бири мени “Бирлик” аъзоси (ҳеч қачон “Бирлик”ка аъзо бўлган эмасман-ЖМ), мухолифатга мансуб, деб шикоят қилган ва бу таҳририят аъзолигидан чиқиш ҳақида расман баёнот эълон қилиш мажбуриятида қолган эдим.

Ўзбекистонда туриб “Америка овози” радиоси учун ишлаган ҳамкорлардан ҳам доим мустақил бўлиш, барча гуруҳларга бирдек қараш, ҳукумат томонида эмас, ҳақиқат томонида бўлиш талаб қилинган ва бу журналистика учун нормал ҳолдир. Шунга қарамай улар доим мухолиф гуруҳлар томонида эдилар. Уларнинг Ўзбекистон ҳукумати томонида бўлганлари ёки ҳукуматнинг қарашларини ёритган  бирорта ҳам лавҳаларини эслай олмайман.

Маълумки, Ўзбекистонда мухолифат расман йўқ. Лекин ўзини мухолифат деб юрган гуруҳлар бор. “Америка овози” каби бошқа радиолар ҳам бу гуруҳларни  ҳеч қачон четлаб қўймаяптилар. Агар битта-иккита “даҳо”дан интервью олинмай қолинган бўлса, бу қайси бир гуруҳни четлаш маъносига келмайди.

“Ҳаракат”даги мақолада хорижий радиоларга таъсир қилиб турилмаса, Ўзбекистондагидан фарқи қолмас эди, деган жуда катта иддао ҳам ўртага отилган. Бу журналистика нималигини билмайдиган одамнинг гапи.

Хўш, “Ҳаракат” мустақил ахборот агентлиги деган ном остида берилаётган хабарларни бир таҳлил қилиб кўринг. Ярмидан кўпи Ўзбекистон матбуотидан олинган ёки унинг руҳида. Бунинг учун уни тайёрлаганларни айбламайман. Қозонда бори чўмичга чиқади. Жамият барибир ҳамма жойда ўз инъикосини кўрсатади. Шу боис юқоридаги баландпарвоз иддао ўрнига хорижий радиолардаги баъзи ходимлар турли мухолиф гуруҳларга ён босадилар, тарафкашлик қиладилар, деб танқид қилинганда анча тўғри бўлган бўлар эди.

Хуллас, бизда ҳали ўз манфаатидан қарашларини, ишончини, ҳақиқатни устун қўядиган журналистлар, журналистликка даъвогар “мухолиф”лар бармоқ билан санарли. Лекин уларни ҳам айбловчилар кўп. Чунки манфаатдан ҳам устун нарсалар борлигига кўпчилик ишонмай қўйган.

2004.

Зукко одамлар шов-шув қилишмайди

САВОЛ: “Шоҳимардон кимники?” деган ва бузғунчиликка олиб борадиган  баёнотларни  сиёсатшунос сифатида қандай баҳолайсиз?(Зафар).

ЖАВОБ: Бирор киши ёки гуруҳнинг бузғунчилигини баҳолаш менинг ишим эмас. Лекин дунёда юз бераётган воқеаларга нисбатан оддий бир инсон сифатида ўз фикримни билдириб келмоқдаман ва бундан кейин шундай бўлса керак, деб ўйлайман.

Биласизми, 1988-1989 йилларда ҳам  баъзи одамлар ва гуруҳлар ана шундай тортишувлар чиқарган эдилар. Самарқанд, Бухоро, Ўш  кимники дегандек… Бу эса қонли воқеаларга олиб келган эди. Кейин маълум бўлишича, бу ишларнинг ортида машъум СССРнинг КГБ деган ташкилоти турган экан.

Ўзимизнинг қўлбола “содда”лар КГБнинг мусиқасига ўйнаб беришган. Ўша мудҳиш кунларнинг оқибати шунга олиб келдики, туркнинг боласи, қон-қардош бўлган қирғизлар ва ўзбеклар орасига раҳна солинди.

Менимча, яна қандайдир планлар бор ва бунда манфаатпараст гуруҳлар усталик билан қўлланилмоқда. Акс тақдирда СССРнинг бутунлиги учун қайғуриб, оёқяланг югурганларга қолардими бу иш?

Турли интернет саҳифаларида ўзбекни қирғизга, қирғизни ўзбекка қарши қайраётган бу одамлар турк миллатининг қони билан ўйнашни бас қилишлари керак. Бутун бир мамлакат Россиянинг қўл остига ўтиб кетиши хавфи бўла туриб, бу кучлар одамларнинг диққатини бошқа томонга буриб, ака ва уканинг бир-бирига қайраш билан овора бўлаётганлари ҳам 1988-1989 йиллардаги провокация қайтиб келмоқдами деган саволни яратади.

Нима бўлганда ҳам бундай ўйиндан эҳтиёт бўлиш керак ва бир муаммо чиққан тақдирда ҳам икки томоннинг зукко одамлари шов-шув қилмасдан диалог йўли билан масалани ҳал этишлари даркор. Бу эса СССРни тиклаш иштиёқида бўлган путинларнинг айғоқчиларига яхшигина  тарсаки бўлади.

2004.

Аҳмад Исмоилов

 САВОЛ: Аҳмад Исмоилов деган журналистни эслагансиз. Унинг номини олдин эшитмаган эканман, қўшимча маълумот беришингиз мумкин-ми?

ЖАВОБ: Албатта! Истеъдодли ва заҳматкаш журналист Аҳмад Исмоиловнинг сўнгги иш жойи “Тошкент ҳақиқати” газетаси эди. У оламдан ўтганда жуда кўп журналистлар қатори камина ҳам кўзимда ёш билан уни мангу йўлга кузатиб қолганман.

1974 йилда Тошкент Давлат университетининг Журналистика факултетида ўқиган пайтимда, иқтисодий шароитим оғирлашиб, иш қидириб қолдим. 17-18 ёшли, тажрибасиз йигитни ким ҳам ишга оларди?

Сарсон бўлганимни ва қийин шароитга тушганимни кўрган яшаётган уйимнинг эгаси Илёс ака қўшни маҳаллада истиқомат қиладиган журналист Расул Раҳмонов билан таништирди. У эртасига туш пайти Навоий театри ёнига боришимни уқтирди. Борсам у бир ўрта бўйли, кулча юзли, ҳийла семиз одам билан фаввора ёнида гаплашиб турган экан. Салом бериб, узоқроқда тўхтадим. Расул ака у одамга бир нарсалар дегандан кейин у менга яқинроқ келиб:

-Битта савол бераман, жавобинг ёқса, ишга олиндинг, бўлмаса ўзингдан кўр,-деди.

Шошиб қолдим. Бунинг устига Расул ака:

-Бу киши Аҳмад Исмоилов бўладилар, эшитган бўлсанг керак,-деди.

Аҳмад Исмоилов номини кўп эшитганим, ҳар куни “Тошкент ҳақиқати” газетасининг тўртинчи саҳифасида унинг номига кўзим тушиб тургани учун довдираб қолдим.

-Қани айт-чи, журналист дегани ўзи ким?-деди Аҳмад ака.

Ўқишга кирган йилим биринчи дарсда домламиз Мухтор Худойқулов шу мавзуга яқин эркин иш ёздирган эди ва “Журналист-давлат арбоби”  деб ёзганим ёдимга тушдию шундай дедим.

Аҳмад ака бироз ўйлаб турди-да, кейин Расул акага қараб:

-Кўрдингиз-ми, ёшларнинг фикри хазина бўлади,-деди ва менга юзланиб:

-Бориб Эътибор опангга айт, сени ишга олдим, иш соатларингни ўқишингга мослаб, режалаб қўйсин,- деди.

Эътибор опа газетанинг Корректура бўлимида раҳбар экан. Шу билан “Тошкент ҳақиқати”да ишлай бошладим. Бу масканда Соат Мусаев, Назармат, Эргаш Муҳаммедов каби жуда кўплаб журналистлар, адиблар ҳам худди Аҳмад ака каби қучоқ очиб, иш ўргатишган.

Аҳмад ака чапақай ва бир қарашда мақоланинг қандайлигини билиб оладиган маҳоратга эга эди. У чап қўллаб, қизил қалам билан қўйган сарлавҳалар ҳаммани ҳайратга соларди.

Бир куни чақириб:

-Ёшлардан бирортаси билан корректурада ўтириб тур, бироздан кейин Шароф ака келадилар, у киши ўзлари гап қўшмагунча гапирма,-деди.

Биз ишлаётган бино янги бўлиб, Шароф Рашидов зиёратга келаётган экан. Корректурада гранкаларни ўқиб ўтиравердик. Йўлакка яқин бўлгани учун Рашидов ва ҳамроҳлари бизнинг хонага киришди. Бош кўтармасдан ишимизни қилавердик.

-Ассалому алайкум,-дея Рашидов келиб бизлар билан кўришди ва бино ҳақида сўради.

Рашидовни кузатиб қўйишгач, Зариф ака деган ҳазилкаш журналист бизнинг қўлимиздан ўпди ва:

-Қани ҳамма бу олтин қўллардан ўпсин!,-дея ҳазил қилди.

Орқадан Аҳмад ака келиб қолди ва:

-Давлат арбоблари ҳам шунақа ҳазил қилади-ми?-деди.

Унинг киноясини тушунмадим. Кечга томончақириб:

-Табриклайман, мана бунга қара!-деди.

Биринчи саҳифанинг хомакисида “ЖУРНАЛИСТ-ДАВЛАТ АРБОБИ” деган сўзлар катта ҳарфлар билан ёзилганди.

Кейин билсам, ўшанда Расул Раҳмонов билан Аҳмад ака Шароф Рашидовнинг нутқи ҳақида гаплашаётган ва гапим уларга маъқул бўлгач, нутққа қўшишган экан. Рашидов журналистлар даргоҳини зиёрати баробарида мажлисда бу нутқни ирод қилгач, ҳамма газеталарда шу гап сарлавҳага айланиб кетди. Аҳмад ака доим шу ҳақда гапириб юрди.

Унинг бир одати бор эди. Ёшларга катта пул бериб, кичик бир нарса олиб келишни буюрарди ва қайтимини олмас, “Эртага бошқа нарса буюрман” дерди. Эртасига эса бошқа пул берарди. У ёшларнинг ғурурига тегмайин, деб шу йўл билан уларни дастакларди.Умуман у ёшларни жуда қўллайдиган одам эди.

Айтишларича, Шароф Рашидов “Қизил Ўзбекистон” газетасида бош муҳаррир бўлганда, Аҳмад ака маъсул котиб экан. Ўшанда Рашидов у кишига “Пулнинг қадрига етмайдиган одамсиз” деганини эшитганлар бор экан.

Лекин ҳаммада ҳам ана шундай хислат бўлавермас экан,  у пулнинг қадрига етмаса ҳам одамларнинг қадрига етадиган журналист, давлат арбоби эди.

“Тошкент ҳақиқати” газетаси Аҳмад Исмоилов бош муҳаррир бўлган йиллари Ўзбекистондаги энг ўқимишли, энг саводли нашр эди. Буни барча журналистлар чин дилдан эътироф этишарди.

2004.

Нозик масала

САВОЛ: Мен чет элда яшаб юрган диндорман,  ватанга қайтиб борсам, диндорлигим учун қамалиб кетаман-ми деб қўрқаман. Бошпана сўрасам, беришлари мумкин-ми ёки чиқариб юборадилар-ми билмайман? Америкада бўлмаса, Авропада, масалан Англияда бошпана олишим мумкин-ми? Маслаҳат берсангиз? (Фарғоний).

ЖАВОБ: Бошқа бир мамлакатдан бошпана сўраш бу шунчалик шахсий масалаки, ҳатто уйлангандагидан ҳам нозикроқдир. Чунки ҳар кимнинг муаммоси ҳар турли ва сизга бошпана беради, унга эса бермайди, деб айтиш мумкин эмас. Зеро демократик давлатда суднинг қарорини ҳеч ким олдиндан айтиб беролмайди.

Айниқса, 2001 йил воқеаларидан кейин бу масала жуда жиддийлашган. Масалан, “Вашингтон пост” газетасининг ёзишича, Америкада 2003 йилда бошпана бериш йигирма фойизга камайган. Мурожаат қилганларнинг сони эса кўпайган. Демак, рад жавоби олаётганлар кўп. Аммо Америкадаги судларда турли сабаблар билан ютиб чиқаётганлар ҳам анчагина. Ҳатто “Мен Усмон Ҳақназаров номи билан Интернетда мақолалар ёзганман, Каримовнинг қизи ҳақида ёзганман, энди қайтиб боролмайман” деб сиёсий бошпана олган одамлар ҳақида ҳам эшитдик.

Америкада кимларга бошпана берилиши мумкинлиги ҳақида жуда кўп расмий Интернет саҳифалари мавжуд. Бу ерда виза муддати ўтиб кетган ва қонунсиз яшаётганлар иши судга топширилади  ва суд “чиқариб юборилсин” деб қарор берса, шундан кейин бу амалга оширилади.

Авропада, хусусан, Англияда қонунлар талаби қандайлигини билмайман. Лекин бу мамлакатларнинг қонуний шартлари ҳақида ҳам Интернетдаги расмий веб саҳифаларидан маълумот топиш қийин эмас. Шунингдек, бу соҳа билан бевосита шуғулланадиган адвокатларгина “иш”нинг бўлиб-бўлмаслигини тахмин қилишлари мумкин.

Умуман эса, агар бир кишининг адолатга йўли бекитилган, қувғинлар ва таъқиблар туфайли унинг ҳаёти ҳақиқатдан ҳам таҳлика остида қолган бўлса, унга бошпана бериш демократик давлатларда дарҳол рад этилмайди. Батафсил ўрганиб чиқилади.

Аммо бу борада маслаҳат бериш яна такрор айтаман, мумкин бўлмаган масала. Чунки ҳар кимнинг бошига тушгани ўзига аён ва ўзининг кимлигини ҳар кимнинг ўзидан яхши биладиган одам йўқ.

Шу боис Сизга маъқул бўладиган гап айта олмаган бўлсам, узримни қабул қилинг. 2004.

Қувонаман бундан!

САВОЛ: Бугун хусусий сайтлар кўпаймоқда, ўқувчиларингиз сони камайиб кетишидан чўчимайсиз-ми? (Саодат).

ЖАВОБ: Йўқ. Интернет-бу ҳам танлов. Юзтасини кўриб биттасини танлайсиз. Шу нуқтаи назардан мустақил ва хусусий веб саҳифалар қанча кўп бўлса, шунча яхши. Ўзим доим ёшларга мурожаат қилиб, хизматни веб саҳифа очишдан бошланг, деб айтиб келмоқдаману нега энди уларнинг кўпайишидан чўчир эканман?

Веб саҳифалар кўпайса, уларни ёпиб қўйиш қийинлашади. Қолаверса, турли фикрлар ва турли қарашлар кўпаяди ва бу ҳурфикрлиликка, қул бўлмасликка йўл очади.

Тўғри, мустақил веб саҳифани юритиш осон эмас. Жамоатчилик асосидаги веб саҳифаларни кўраяпсиз, аксарияти Интернет дунёсининг у четидан, бу четидан хабар, мақолалар кўчириб олиб қўйиш билан веб саҳифа юритмоқдамиз, деб ўзларини алдаб, пулларини бекорга сарфлаб юрибдилар.

Хусусий веб саҳифада эса ҳамма нарсани ўзингиз ва шахсан ўзингиз ёзишингиз керак.

Хусусий веб саҳифалар кундалик хабар манбаи эмас, балки вақт бўлганда бемалол ўтириб, бир нарса ўқийдиган жой бўлиши керак.

Лекин бугунги ўқувчи ҳар куни бир янги гап эшитгиси келади. Бу талабни қондириб бориш эса жуда мушкул. Йирик асарларни ўқиб ўтиришга унинг вақти бўлмайди. Чунки Интернетдаги ҳар бир сония унинг учун қимматли.

Мухтасар қилиб, чўчимаслигим, балки янги веб саҳифалар очилаверса, қувонишимни айтмоқчиман, холос.

2004.

Сиёсат сўзининг ўзаги “СИЁ”, яъни “ҚОРА” дир

САВОЛ: Кузатишимча сиз СИЁСАТЧИ сўзини ёқтирмайсиз. Нега? (Шарофиддин).

ЖАВОБ: Фалон сўзни ёқтираман, фалон калимани эса ёқтирмайман, деб айтганимни эслай олмайман. Аммо сиёсатни “сиёсат”га айлантириб юрганлар ҳақида кўп ёзганман ва балки саволингиз пайдо бўлишига боис шудир.

Сиёсатни ҳар ким ҳар хил тушунади ва ўз кўрпасига қараб унга бўй беради.

Ҳеч эсимдан чиқмайди, Ўзбекистонда қама-қама бораётган, жуда оғир қатағон бир пайт эди. Ўшанда юлдузи порлай бошлаган, бугунга келиб сўниб қолган “сиёсат”чилардан бири билан бу масалани гаплашиш учун ёнига борсам,  ўзи ҳақида ёзилган нарсаларни тўплаб ўтирган экан. Бир ой давомида қачон бормайин унинг машғулоти шу бўлди. Кейин бир куни у муқовасида ўзининг расми бўлган китобчани ҳадя қилди. Қарасам, ўша тўплаб ўтирган нарсаларини бир китоб ҳолига келтирибди. Бунинг ёмон жойи йўқ. Аммо китоб унинг ичидагиларни ўқиб ҳам кўрмаган бошқа бир одамнинг номидан чиққанди.

-Нега ўз номингиздан чиқаравермадингиз, ўзингиз тайёрлаганингизни ёзсангиз, самимийроқ, ишончлироқ бўларди,-дедим.

-Сиз сиёсатни тушунмайсиз.Одамларга ҳамма вақт мухлислар, издошлар, атрофда югуриб юрганларни кўп қилиб кўрсатмасангиз сиз билан ҳисоб-китоб қилмайдилар,-деди у совуққонлик билан.

Кейин ҳам кўп гувоҳи бўлдим, у ўзи ҳақида ўзи китоблар, мақолалар тайёрлаб бошқаларнинг номидан чиқарар, матбуотда ўзи ҳақида суҳбатлар ташкил этар, халқни озод қиламан, деб тўпланган маблағларни шу йўлга сочар ва кейин булардан усталик билан фойдаланар эди.

Ҳа, у “сиёсатчи” эди. Аммо бундай “сиёсат”дан йироқ бўлганлар биладилар-ки, сиз қувғинда бўлсаниз ва дунёнинг турли бурчакларида сиз ҳақингизда ёзилганларни сиздан бошқа одам мукаммал равишда тўплаб боролмайди. Шу боис “Мухлислари ва шогирдлари” деб ёки бошқа имзо қўйгандан кўра, “Ўзим ҳақим”да деб ёзаверса, бу унинг сохта сиёсатчи эмас, балки самимий инсон эканлигини кўрсатишга хизмат қилади. Табиийки самимийлик қонида бўлса…

Бошқа бир мисол. Муҳожир тарихчи олим Боймирза Ҳайит ўзи ҳақида Советлар ёзган беш юзга яқин мақолани тўплаб, Туркияга олиб келди. Ношир билан гаплашиб ўтиргандик:

-Китобга ўз исмингизни қўйибсиз, шуни бошқа одам номидан чиқарсак, нима дейсиз?,-деди ношир.

Ҳақ сўзнинг йўлдоши бўлган Боймирза отанинг ранги ўзгариб кетди ва :

-Мен ёлғончилик қила олмайман, буларни умр бўйи йиғиб юрганман, кўпларини архивларга бориб ўзим тўпладим, баъзи нусхаларини сотиб олдим,  бошқа биров бу ишни қилмаслигини ҳамма билади, ҳақиқатни бузмаслигимиз керак,-деди.

Орадан қарийб ўн йил ўтди. Ҳалиги “сиёсатчи”нинг китоби ўша жойнинг ўзида қолиб кетди. Ҳатто номини эслай олмадим. Аммо Боймирза отанинг ўзи ҳақида чиққан мақолаларни тўплаган китоби жуда катта, оғир бўлишига қарамасдан, қаерга кўчсам, ёнимда. Чунки бу қимматли, тарихий ва пойдевори “сиёсат” эмас, ҳақиқатдан бўлган китобдир.

Ҳеч ўйлаб кўрганмисиз, сиёсат сўзининг ўзаги “СИЁ”, яъни “ҚОРА” бўлганини. 2004.

Ўзига хон, ўзига бек

САВОЛ: Турли сабаблар билан Ватандан чиқиб кетган ўзбекларнинг бошини бир жойга қовуштириб бир халқаро жамият тузиш мумкин эмасми?(Қобил).

ЖАВОБ: Туркияда бу ишни бошлашга уриниб кўрганмиз, кейин Америкага келганда ҳам бу ҳақда баъзи одимлар отилган. Тўғри ҳар икки ҳолда ҳам гап фақат ўзбеклар ҳақида борган эмас, Туркияда Туронзаминдан чиқиб кетганларнинг маданий жамияти ҳақида ўйлаган бўлсак, Америкада туркистонликлар иттифоқи борасида бош қотирилган эди. Лекин Нью-Йорк атрофида яшаётганларнинг “Туркистонликлар жамияти” мавжудлиги учун бизнинг ҳаракатларимиз билан бошланган уриниш Вашингтон атрофидаги туркистонлик-америкаликлар жамиятини тузиш билан чекланган. Келишув нуқтасини топиш мушкул бўлган. Ҳар ким ўзига бек ва ўзига хон.

Масалан, низомга инсон ҳақлари масаласини қўшайлик десангиз бир гуруҳ одамлар “Ўзбекистонга бориб келишимиз қийинлашади” деб қарши бўлишган. Маданий алоқалар масаласи кўтарилганда баъзилар “Ота бобомиз раққоса ўйнатмаган, бу иш бизга қолдими?” дейишган, айримлар эса бундай жамиятни диний томонга буриб юборишга ҳаракат қилишган ва ҳоказо.

Хуллас, икки қўчқорнинг боши бир қозонда қайнаши мумкин, лекин икки ўзбек бир орага келолмайди, деганлари каби бу иш юрмаган. Бунинг устига ана унинг келиб чиқиши тожик, мана буники афғон, бу ўзбек эмас, у турк эмас каби иддаолар чиққан.

Кейин эса “Бирлик” веб саҳифасининг “Меҳмонлар китоби” орқали хориждаги ўзбекларнинг орасини бузиб юбориш учун Ислом Каримов ҳам қила олмаган даражада бузғунчилик қилинди. Қолган-қутган муносабатларга ҳам дарз кетди.

Лекин булар бўлган ва бундан кейин ҳам бўлади. Тарих бўйи ҳеч ким бизнинг бошимизни қовуштира олмаган, аксинча жуда осонлик билан орамизни бузишган. Доим ички низолар бизни хароб этган.

Худди ана шу боис ҳам бирлашиш ҳақидаги ҳаракатни тўхтатмаслик ва қон-қонимизга сингиб кетган тарихий иллатдан қутулиш чораларини топишимиз зарур.

Менимча, демократик тамойиллар учун ёки маданий, ижтимоий ривожланиш йўлида бирлашиш мумкин. Чунки бундай қадриятлар умуминсоний бўлиб, кўп одамни ўзига жалб эта олади.

Бу фақат бир кишига боғлиқ нарса эмас. Кўпчилик бўлиб киришмоқ керак. Бошқача айтганда низомини ёзиб, шундай ташкилот туздик, фалончи президенти деган билан иш юрмайди. Ҳамма ўйлаб кўриб бу йўналишда нима қила олишини ўртага қўйса ана ўшанда бир нарса бўлиши мумкин.

2004.

Ҳеч қачон бир томонлама муроса бўлмаган

САВОЛ: “Бирлик” раҳбарлари 1991 йилги сайловда қатнашгани учун “ЭРК”ни айблашган эди, энди ўзлари 2004 йилги сайловда қатнашмоқдалар, шу ҳақдаги саволимга “бирлик”чилар жавоб беришмади, буни сиз қандай баҳолайсиз ва сайлов борасидаги қарашларингиз қандай? (Рустам).

ЖАВОБ: Кимнинг саволига ким жавоб бериб-бермагани ҳақида бир нарса дея олмайман.

Сайлов борасидаги ўз қарашларимни  ҳам анча илгарироқ баён этган эдим.

Бугунги вазиятга қарайдиган бўлсак, бир кун келиб баъзи “бирлик”чилар биз шу йўл билан сайловнинг ғайридемократик ўтганини исботладик, дейишса бунга ҳам ажабланмайман…

Биров тўй қилаяпти. У маҳалладан бирини айтмадигина эмас, балки тўйга келишини истамаслигини билдирди. Лекин у тўйга кириб борди. Нима бўлади? Қувилмаса ҳам сассиқ гап эшитишга муяссар бўлади. Унга эшиттириб, “Итнинг кейинги оёғи бўлмай ўл” дейишлари ҳам мумкин. У ош егиси келганини айтолмаса ҳам тўйга қуруқ суяк учун келмаганини билишади.

Дарвоқе, сайловни тўйга қиёслаб ошириб юбордингиз, дейишингиз мумкин. Аслида сайлов бутун халқнинг энг катта тўйи бўлиши керак. Лекин бугун халқ учун эмас, Каримов учун бу тўй. (“Тўй”дан ҳам “Томоша” деган сўз мавжуд ҳолатни яхшироқ ифодалайди).

Каримов бу томошада кўпчиликни кўришни истамайди. У ўз кўнглини қондириш, халқаро жамоатчиликни чалғитиш учунгина бу томошани ташкил қилмоқда. Мусиқани ҳам ўзи буюрган, раққосани ҳам. “Биров яқинлашиб қолмасин”, деб уларнинг атрофига соқчилар ҳам қўйган. Томоша муаллифи ҳам ўзи, томоша режиссери ҳам, тўйга айтилганлар рўйхатини олдиндан тузиб тасдиқлаган ҳам ўзи.

Демак, у ерга борган айтилмаган одам бошқа мусиқа буюра олмаслиги олдиндан аниқ. Фақат унинг мусиқасига ўйнаш қолади. Кимдир шуни истаган экан, бу унинг ҳаққи, лекин жамиятга келадиган салбий томонлари юзасидан савол бериш ва жавоб қидириш сизнинг ҳаққингиз.

Гапнинг лўндаси шуки, сайловлар ҳақидаги қонунлар нодемократикдир. Ҳамма ҳам билиб қолди. Демак, шу қонунлар асосида сайловга кирсангиз, уни тан олган бўласиз, кечаги гапингиздан қайтган бўласиз. Бундай пайтда сизни бебурд десалар хафа бўлманг.

“Бирлик”чилардан баъзилари уриниб, судлашиб кўришди, лекин рўйхатга олиш ўрнига уларни “террорист” деб эълон қилишди. Жиддий бир баёнот билан чиқишмади, балки Ислом Каримов адашиб шундай деб юборди, дея ўзларини овутишди.

Муроса муроса истаган билан қилинади. Ҳеч қачон бир томонлама муроса бўлмаган. Баъзилар сайловда қатнашиш ҳам муроса, дея ўзларини кулгига қўйиш баробарида диктатуранинг мусиқасига ўйнаб бераётганларини билмайдиларми? Билмайдилар десак уларни камситган бўламиз. Биладилар десак яна камситган бўламиз. Хуллас, бу уларнинг танлови.

Лекин бу воқеалар Ўзбекистонда жиддий мухолифат йўқ, деган фикримни яна бир бор исботламоқда. Жиддий мухолифат бўлганда, томоша бошланмасдан олдин бир блокка бирлашиб, ғайридемократик режимнининг ғайри демократик қонунлари ва тадбирларини демократик йўл билан байкот қилган бўлар эди.

Бу шахсий қарашим ва кимларгадир ёқмаслиги мумкин. Лекин на чора, дунё шунақа. Ҳар кимнинг қараши ҳар кимга ҳам ёқавермайди.

2004.

Шеър…

САВОЛ: Кейинги пайтда шеър ёзмай қўйдингиз-ми? Нега янгиларини эълон қилмаяпсиз?(Жамила).

ЖАВОБ: Шеър ёзиш учун белгиланган жадвалим йўқ. Аммо кўнглимга бир нарсалар келганда қоралаб қўяман. Ҳозир  “Дакота  йўли”да  бир қатор шеърлар ёзаяпман.

Аввал “Алданишга мойил…” деган бир сиёсий шеърдан кейин ана шу янги услубдаги қораламалардан ҳам бир икки намуна ўқишингиз мумкин.

Алданишга мойил ўзбек шоири,

Бир орден букади алиф қаддини,

Шеъру дили бошқа, бошқа зоҳири,

Гўрков чизиб берар охир ҳаддини.

Алданишга мойил ўзбек ҳофизи,

Шоҳнинг кўкрагига бошини қўяр.

Ҳақ истаб чиқса гар ўғли ё қизи,

Бир унвон хотири кўзини ўяр.

Алданишга мойил ўзбек рассоми,

Тиллақош медалга дунёсин сотар,

Эгнида жандами, қўлда ҳассоми?…

“Мона Лиза” билан қовушиб ётар.

Алданишга мойил ўзбек  ўғлони,

Ёлғонни билса ҳам ҳузур билан ер.

Юртбоши “Болам”, деб айтган замони,

Отасин унутиб, уни “Отам”, дер.

Алданишга мойил ўзбек  қизлари,

Фаҳиш ҳадясини гулнорим, дейди.

Зулм зиндонида қолди излари,

Шунда ҳам на ёрим, на орим дейди.

Алданишга мойил аслида ҳар ким,

Ўзлигин емириб қиларкан адо.

Ватангадо эдинг, энди-чи, халқим,

Ватанда гадосан, Ватанда гадо!

Дакота йўлида…

Қаттиқ жанг боради,

қон сиғмай кетади ариқларига,

ўқлар чил-чил этар муз деворларни,

майдон кенгаяди,

майдон тораяди,

кўз косасида.

Қаттиқ жанг боради,

менинг қалбимда,

душман қайси ёнда,

дўстим қай томон?…

Билмайман, кўролмайман,

ўқ юлиб кетган қорачиғимни…

****

Бағримда вулқон бор,

биқир-биқир қайнагани қайнаган,

на сўнмас,

на портлаб мени сўндирмас!

****

Оқшом ухлайсан

саҳар уйғонаман, деб,

саҳар уйғонасан,

кундуз мудрамайман, деб,

мудраб ухлаб қоласан яна,

уйғона олмайсан…

Уйғона олмайсан,

уйқу дори ичгансан,

ихтиёринг қўлингдан кетган…

2004.

Талантли йигит

САВОЛ: Сиз бир жавобда Нурилла Остоновни мақтагансиз. Унинг ёзганларини топиб ўқидим. У ҳам билдирмай ҳукуматга топинаётган хашаки журналистга ўхшади. Наҳотки унинг икир-чикирлардан бошқа нарсани ёзмаётганини кўрмасангиз? (Алишер).

ЖАВОБ: Икир-чикирлардан қурилган ҳукуматни икир-чикирлар йиқитади.

Ислом Каримовнинг адолатсизликка асосланган режимига қарши бош кўтарганлар орасида Миллий Университетнинг Журналистика факультети собиқ талабалари анчагина. Шу боис ҳам режим вақти-вақти билан бу даргоҳ бошида қилич ўйнатиб туради.

Нурилла Остонов билан бирга ана шу қутлуғ даргоҳда ўқиганмиз. Талантли йигит.

Ўзбекистон телевидениесида раҳбар бўлганимда у телевидениенинг Самарқанд вилоят бўйича мухбири эди. Бир куни ногирон оиланинг сансалорликка учрагани ҳақида икки дақиқалик “қалампирмунчоқ” танқидий репортаж ҳозирлаганди.  Материални дарҳол эфирга қўйдик.  Кўп ўтмай Каримов телефон қилди:

-Нима Самарқандда шу икки кўрдан бошқа одам йўқ-ми?-деди у “қалампирмунчоқ” таъсиридан жаҳли чиқиб.

-Балки бордир, балки йўқдир, лекин гап улар ҳақида эмас, уларни сарсон қилганлар ҳақида,-дедим унинг шунга ҳам аралашганидан ҳайратланиб.

-Уларнинг уйини ремонт қилмади, деб бутун бошли ҳокимиятни айблайсизлар-ми? Телевидение кўрларга эмас, халқнинг хизматида бўлган ҳукуматга хизмат қилиши керак. Чунки телевидениенинг пулини ҳукумат бераётганини ҳам унутманг….

Каримов ҳукумат халқнинг пулига хўжайинлик қилаётгани, ҳукуматнинг ўзи ҳам халқнинг пулига яшаётгани, ўша кўзи ожиз ногиронлар ҳам халқ эканлигини унутган эди. Майли бу бошқа масала. Лекин Нурилланинг ўзига материални мақтадим ва умумий мажлисда ҳам бу репортажни бошқаларга ўрнак қилиб кўрсатдим.

Мана орадан 13 йил ўтиб Нурилланинг ёзганлари Интернетда чиқмоқда. Тўғри, баъзи мақолаларида ҳукуматга ён босаётган каби  сатрлар учрайди. Бунинг ҳам сабаби бўлиши мумкин. Шунингдек, унинг ёзганларида баъзан учқич қўналғанинг устида айланавериб, қўна олмасдан қайтиб кетгани каби, “тоғдан ва боғдан” жуда кўп мисоллар келтириб, асосий, керакли гапни айта олмаслик ҳолатини ҳам кўриш мумкин (Мана танқид керак бўлса, уни танқид ҳам қилиб қўйдим-ЖМ). Лекин умумиятла у оддий халқнинг аянчли аҳволини Чеховга хос бир услубда кўрсатиш билан ҳукуматнинг тинкасини қуритмоқда ва Ислом Каримовнинг бечора халқни қанчалик эзаётганини кўрсатиб бермоқда.

Нуриллани яхши биламан, у фалакнинг чархи айланиб, Каримов билан шахмат ўйнаб қолса ва Каримов менга қарши кўзбўямачилик қилаяпти, деб ўйласа, шахмат тахтасини отиб юбориб, шоҳ билан пиёдани тенглаштириб кетадиган хислатга эга. Бугун ўзбек журналистикасига ана шундай қўрқмас, довюрак қаламкашлар зарур. 2004.

Гап “таянч нуқтаси”да

САВОЛ: Америка халқи уруш тарафдорими,  нега яна Бушни сайлади? (Малик).

ЖАВОБ: Сайловда уруш масаласи ҳал қилувчи масала эмас эди.

Маълумки, бугунга қадар Америка сайловларида аксарият ҳолларда иқтисод масаласи ҳал қилувчи, яъни кўпчиликни бирлаштирувчи рол ўйнаган. Чунки бу ерда индивидуализм кучли бўлгани учун ҳар ким ўз манфаати нуқтаи назаридан ҳаракат қилади. Бу ҳолда иқтисод якка шахсларни бирлаштирувчи моҳият касб этади.

Аммо 2004 йилнинг 2 ноябрида ўтган сайловда иқтисод иккинчи ўринга тушди. Учинчи ўринда эса терроризмга қарши кураш ва уруш масаласи турди.

Ғарб давлатлари орасида Америка энг диндор ва энг муҳофазакор давлат саналади. Шу боис ҳам сайлов тақдирини ҳал қилган биринчи омил ахлоқий қадриятлар масаласи бўлди. Бунинг таркибига жумладан қуйидагилар кирди:

БИРИНЧИ: Кейинги йилларда Американинг бир қатор штатларида  айни жинсдан бўлганларнинг оила қуришлари, яъни эркакнинг эркак билан ёки аёлнинг аёл билан расмий никоҳдан ўтишлари бошланди. Бу жамиятда катта норозилик уйғотди. Баъзи маҳаллий ҳокимлар ва судларнинг бу хусусдаги қарорларини юқори маҳкамалар бекор қилдилар.

Президент Буш оила муқаддасдир, бу аёл ва эркакнинг бирлашуви, биргаликда фарзанд дунёга келтиришлари учун Тангри танлаган йўлдир, деган гапни маҳкам ушлаб, Конституцияга айни жинсдагиларнинг биргаликда оила қуришларини ман этувчи қўшимча киритишни таклиф қилди.

Энди иккинчи томон ва уларни қўллаган демократлар норозилиги бошланди. Улар демократик эркинлик бўлсин, озчиликдаги ҳомосексуалистлар, яъни бесоқолбозлару лезбиянларнинг ҳам ҳуқуқлари тан олинсин, деган талабларни ўртага қўйдилар.

Бу жамиятни иккига бўлди. Сайлов арафасидаги тортишувлар марказида ҳам шу масала бўртиб турди. Сайлов куни бир қанча штатларда айни жинсдагиларнинг оила қуришларини ман этиш борасида референдум ҳам ўтказилди ва кўпчилик бунга қарши бўлиш баробарида нафақат Бушни сайлади, балки конгресснинг Сенат ҳамда Намоёндалар палатасидаги ўринларга ҳам муҳофазакор республикачиларни йўллади.

ИККИНЧИ: Узоқ йиллардан бери диндорлар аборт, яъни бола олдириш масаласига қарши чиқиб келганлар ва бу Конституциявий суд идорасидан қайтиб турган. Буш даврида бу масала қайта қўзғалди ва катта тортишувларга олиб келди. Диндорларнинг “Она қорнидаги бола тирик ва уни аборт қилиш бу қотиллик, Худонинг яратганини ўлдиришдир” деган иддаоларини Буш ҳам қўллади. Натижада сайловларда фаол қатнашмайдиган диндорлар бу сафар оёққа қалқдилар.

Мамлакатнинг энг кўзга кўринган санъат арбоблари, таниқли шахслар эса абортни таъқиқлаш учун қилинадиган қонуний ҳаракатни эркинликни бўғиш дея Бушга қарши очиқ тарғибот юргиздлар, бу эса оддий халқ ва оддий диндорларда акс таъсир уйғотди.

Сайлов куни белгиланган вақт тугашига қарамасдан миллионлаб одамлар овоз бериш учун навбатда турганлари ана шундан эди.

Оддий бир одам билан гаплашганимда у “Абортни таъқиқлаш бу фоҳишабозликни йўқ этишга олиб келади. Энг асосийси бу СПИД каби ҳалокатли эпидемия йўлини тўсади” деган гапни айтди.

Демократлар овоз беришга қанча кўп чиқишган бўлишса, республикачилар ундан ҳам зиёд чиқишди.

УЧИНЧИ: Инсон эмбрионларини тиббий мақсадларда қўллаш масаласи ҳам Буш даврида тортишувларда йўл очди. Буш бу борада чеклов бўлиши ва ахлоқий чегаралар бузилмаслиги кераклигини айтиб, илмий тадқиқотларни назоратга олиш зарурлигини уқтирди. Муҳофазакорлар. инсон эмбрионларини лабораторияларда қўлланиш бу одамни нусхалашга қадар олиб боради ва Худонинг яратувчилигига қарши гуноҳ бўлади, деган жабҳадан туриб хулоса қилдилар.

Уруш ҳақидаги гаплардан ана шундай ахлоқий қадриятлар масаласи оғирлиқ қилди. Бу индивидуал шахсларни бирлаштирган омиллардан бири бўлди.

Бошқача айтганда, Буш Архимеднинг “таянч нуқтаси”ни топди ва халқ кучини ўзи томонга ағдарди.

Хуллас, Америка халқи фалон нарсага қарши ёки мана бу нарсага тарафдор,  дея бутун халқ ҳақида хулоса чиқариш тўғри эмас.

2004.

Пул виждондан анча устунлик қилмоқда

САВОЛ: Ҳамма нарсани пул ҳал қиладими ёки виждон-ми? (Шоира).

ЖАВОБ: Агар ҳамма нарса виждонга қолганда бугун дунё бутунлай бошқача бўларди ёки тескариси, ҳамма нарса пулга қолганда бугун дунё ҳозиргисидан бошқача бўларди. Лекин пул виждондан анча устунлик қилмоқда.

Кўп ҳолларда виждонни пул билан сотиб олиш мумкин бўлмоқда, аммо виждон билан пулни рад этиш ҳоллари деярли йўқолмоқда. Масалан, Ўзбекистонда виждонсиз бўлсангиз ҳам пулингиз бўлса, ҳар қандай ишни қила оласиз. Ҳукуматдаги исталган вазифани сотиб олишдан тортиб, одамларнинг фикрини ўзгартиришга қадар.

Аммо  пулингиз бўлмасдан фақат виждон билан яшасангиз ҳатто  дўстларингиз, яқинларингиздан ҳам ажралиб қолишингиз ҳеч гап эмас.

Хўш нима қилиш керак? Виждондан воз кечиб, фақат пул топиш керак-ми? Бу йўлни танламаган бўлардим. Балки шунинг учун ҳам бугун  Ўзбекистонда эмасман.

Яқинда бир танишим танлаган йўлидан воз кечиб эски, ўзи рад этган жойга қайтди. Қайтдигина эмас, хат ёзиб узр ҳам сўради.  Бу унинг виждонига хилоф эди. Шу боис ундан:

-Нега бундай қилдингиз?-деб сўрадим.

-Нима қилай? Бировнинг уйида ижарада тураман, пулини тўлаш керак. Болаларимни боқиш керак, иш йўқ, бош урмаган жойим қолмади, булар эса бизга қайтсангиз ва буни расман эълон қилсангиз пул бериб турамиз дейишди. Мажбур бўлдим. Агар сиз ёрдам қилиб турсангиз шу виждон азобидан қутулган бўлар эдим,- деб ўзимни мот этган ҳолда жавоб қилди.

Ёки яна бир мисол. Бир ғоядош дўстим аҳволи оғирлиги ва ҳар ой фалон миқдорда пул юбориб туришимни сўраб хат ёзди. Унга аҳволи уникидан ҳам оғирлар борлиги ва уларга қилаётган ёрдамимни тўхтата олмаслигим, қолаверса, Америкада ҳам пул дарахтнинг тагига тўкилган хазон эмаслигини тушунтиришга ҳаракат қилдим. Лекин у тушуниш у ёқда турсин, юз ўгириб кетди.

Булар кичик мисоллар. Лекин атроф пулнинг ҳукмдорлиги ҳақидаги катта мисоллар билан тўлиб кетган. Афсус…

2004.

Бетон девор

САВОЛ: Мухолифатни бойкотга чақирганингиздан кейин мухолифат сайловда қатнашишдан бош тортди. Хурсандмисиз?(Рустам).

ЖАВОБ: Биринчидан, бойкотга чақирганим йўқ. Иккинчидан, сизнинг саволингизга жавоб бериб, ўз фикримни баён этдим ва ҳозирги шароитда сайловда қатнашиш ҳукуматнинг ғайриқонуний ҳаракатларини ва нодемократик қонунларни тан олиш эканлигини урғуладим, холос. Шу боис бу хурсанд бўлиш ёки хурсанд бўлмаслик мақсадини назарда тутмаган.

Биласизми, ёш бир жойга келиб қолганда кўпчиликда кўз хиралаша бошлайди ва дўхтирлар кўзойнак тақишни тавсия қиладилар. Биров яқинни яхши кўради, яна биров узоқни. Олдинда битта бетон девор турганда саломатлик даражаси бир хил бўлсада  вазиятни баҳолаш  икки хил бўлади.

Узоқни кўрадиган одам бу девор яхлитлигини ва эшик ёки даричаси у ёқда турсин, ҳатто тешиги ҳам йўқлигини айтади. Яқинни кўриб, узоқни кўролмайдиган эса аксини иддао этади, то боши билан бориб ўша деворга урилганга қадар. Аммо бу урилиш ё бошни ёриши ёки ишдан чиқариши ҳам мумкин.

Шукур қилиш керак-ки, баъзилар бошлари қаттиқ лат емасдан бетон девордан ўтадиган жой йўқлигини кўрдилар.

2004.

Тузоқ

САВОЛ: МХХдан сиз ҳам “янги йил табриги” олдингизми? (Тўлқин)

ЖАВОБ: Ҳа, янги йил оқшомида турли шахсларнинг электрон почталаридан уларнинг танишларига ҳақоратли хатлар ва вируслар жўнатилди. Бу уч кун давом этди. Байрам кунлари бировларнинг кайфиятини бузиш, оиласига нохушлик олиб кириш Каримовнинг малайларига хос нарса бўлиб қолганига бу ҳам бир мисол.

Масалан, менга Ўзбекистон журналистлар ҳақ-ҳуқуқларини ҳимоя қилиш ташкилоти раҳбари Юсуф Расулов номидан ана шундай ҳақоратли хатлар кела бошлади. Бу хатларни у ёзганига ишонмадим. Чунки у жуда маданиятли йигит ва бу қадар паст кетмайди ҳамда ҳақорат ёзиши учун асоснинг ўзи йўқ эди. Лекин адрес уники.

Кейин шундай хатлар Ўзбекистон Инсон ҳуқуқлари жамиятининг раиси Толиб Ёқубов номидан кела бошлади.

Тошкентга телефон қилсам, Юсуфнинг ҳам, Толиб аканинг ҳам бундан хабарлари йўқ, улар ҳатто байрам кунлари Тошкентда бўлмаганлар.

Юсуф Расулов уйида Интернет йўқлиги ва уйдаги телефони ҳам узиб қўйилганини айтиб, узр сўради. Лекин узрга ўрин йўқ. Бу унинг иши эмаслиги аён. Маълум бўлишича унинг номидан бошқаларга ҳам шундай ҳақоратли мактублар борган.

Биз Вашингтондан туриб текширув ўтказдик. Менга келган мактублардан бири АҚШнинг ичидан ёзилган ва қолганлари Тошкентдан.

Юсуф Расулов билан гаплашиб, унга ёзган каби бир мактуб жўнатгандик, Юсуф уйида бўлгани ҳолда дарҳол ҳақоратли жавоб қайтди ва бу сафар матн инглизча эди.

Ё Юсуфнинг паролини ўғирлашган ёки ҳукумат хакерлик йўли билан барча электрон мактубларни ўқишга бошлаган. Ҳатто энди жуда қалтис иғвогарлик кампаниясини юритмоқда. Бу эса инсонларнинг муқаддас ҳисобланган шахсий маълумотларига ҳужумдир ва қаттиқ қораланишга лойиқ.

Толиб Ёқубов Тошкентга қайтгач ва Юсуф Расулов почтани очиш калимасини ўзгартиргандан кейин оқим тўхтади. Лекин қанчага?

Албатта, бу саволга жавобни вақт кўрсатади. Чиқариладиган хулоса шуки, бугунга қадар турли веб саҳифаларнинг меҳмонлар учун ажратилган китобларида одамларни ҳақорат қилиш билан уларнинг ораларини бузганлар энди янги, қалтисроқ ҳунар топганга ўхшайдилар. Бундан ҳамма огоҳ бўлиши керак ва шундай мактублар пайдо бўлганда ваҳимага тушмасдан, жаҳлни босган ҳолда босиқлик билан иш қилиш зарур.

Каримов малайларининг тузоғига тушиб қолманг.

2005.

Ўзбекча қаҳрамонлик

САВОЛ: Битта сайтда Эркин Воҳидовнинг шеърларидан мисол келтирилиб, шоиримиз режимни мардларча фош этмоқдалар, дейилган. Сиз нега аксини иддао этган эдингиз? (Маъруфжон).

ЖАВОБ: Бу борада Шерзод деган  укамизнинг ёзганлари ҳам диққатгна молик׃  “Тунов куни битта ёш йигитча билан тасодифан суҳбатлашиб қолдим. Унинг гапи бўйича, Ўзбекистондаги “муаммолар”га Президентнинг даҳли йўқ эмиш – ахир у ўзининг нутқларида порахўрлик ва ҳ.к.з.лар ҳақида куюниб гапиради-ку.

Содда йигитча…

Ҳақиқаттан ҳам содда кўз учун президентимиз Ўзбекистондаги муаммоларни эгар-жабдуқлаш учун қўлларидан келадиган ишни қилаётганга ўхшайдилар. Ногоҳ, эсимга Эркин Воҳидовнинг қуйидаги шеъри тушди:

Бизлар арра тортмоқдамиз,

Аррамизнинг тиши йўқ.

Нега арранг тиши йўқ –

Деб сўрайдиган киши йўқ.

Чунки бизлар анойимас,

Пишиб кетган кўзимиз.

Арра тушган ўша шоҳда,

Ўтирипмиз ўзимиз.

Содда укам юқоридаги мисралардан ҳикмат топса ажаб эмас.

Эркин ака ўзларининг “Яхшидир аччиқ ҳақиқат” тўпламларида сиёсий тизим ва унинг бошидагиларнинг нуқсонларини мардларча фош қилганлар. Ундаги “Эски ҳаммом – эски тос”, “Хипчин” асарлари, айниқса, эътиборга лойиқдир.” (Ш. Рўзметов).

Маълумки, бир гапни бир неча йўл билан айтиш мумкин. Балки Шерзод Рўзметовнинг ҳам мақсади Эркин Воҳидовни мақташ эмасдир? Балки “мардларча” деган калимани қўштирноққа олишни унутган бўлса не ажаб?! Чунки Шерзод мулоҳазага бой ва қобилиятли йигит экани унинг ёзганларидан сезилиб турибди.

Лекин шу нарса аниқ-ки, Эркин Воҳидов Каримов режимининг муҳим “гайка”ларидан бири. У Каримовга таъсир қила олиши мумкин бўлган “қаҳрамон гайка”. Масалан, Каримовнинг ёнига кириб:

-Ислом ака, агар шу фалончини озод қилиб юборсангиз бутун дунё сизга тасанно айтади, аслида унинг сизга душманлиги йўқ, ватансевар, халқсевар йигит, уни сизга ёмон қилиб кўрсатишган, бунга мана мен кафилман,-деса, Каримов дарров бу ишни бажаради. Чунки у маддоҳларини доим  бир нарса билан сийлаб турадиган одам.

Аммо Эркин Воҳидов кимгадир ёки халққа фойда келтирадиган гапни эмас, балки бунинг ўрнига ўзига ё орден, ёки яна бир китоб чиқариш учун ёрдам олиш ё бўлмаса яқинларидан бирини каттароқ ишга жойлаб қўйишни сўрайди. Бу саройда илдиз отган одат.

Энди унинг режимни фош қиладиган шеърларига келсак, Каримов ҳам ҳар мажлисда режимни танқид қилади. Эркин Воҳидовлар гапларини “хамирга ўраб” шеърга яширсалар Каримов очиқ айтади. Бу 15 йилдан бери давом этиб келмоқда. Ҳукумат коррупция ботқоғига ботгани, раҳбарлар порахўр бўлиб кетгани, матбуот танқид қилишни билмаслиги, халқнинг аҳволи оғирлашиб бораётгани… ҳаммаси Каримовнинг айтганлари.

Лекин айтиб, амалда тескарисини қилиб келмоқда. Эркин Воҳидов ҳам ўз хўжайинидан ибрат олмоқда. Шеърларида бошқа нарса, амалда бошқа. Бу диктатуранинг  энг машҳур “ҳунар”ларидан бири.

Лекин Эркин ака биладилар, Каримов барибир у кишидек катта истеъдод соҳибининг ҳам қадрига етмайди. Шунақа, била туриб аждарҳонинг комига отиламиз. Мана буни қаҳрамонлик деса бўлади! Ўзбекча қаҳрамонлик…

2005.

Сабаблар кўп

САВОЛ: Ўзбекистоннинг жуда кўп жойида сизнинг сайтингизни очдим, лекин сизчалик танқид қилмасаларда бошқа мухолиф саҳифаларни оча олмадим. Сизга бирор имтиёз берилган-ми? (Шамсиддин).

ЖАВОБ:  Ўзбекистон ҳукумати барча мухолиф веб саҳифаларни ҳамма жойда доим бекитиб туришнинг иложини топа олмагандир-да?! Дарвоқе, бу ишни ҳатто Хитой ҳам эплай олмаяпти.

Бир қатор сайтларнинг очилмаслиги ёки қийинчилик билан очилиши сабаби ҳақида илгари ҳам қисман ёзган эдим. Ҳозир веб саҳифаларни мазмунан бойитиш эмас, балки яхшироқ безаш (дизайн қилиш) модага айланган, яъни бу асосий мақсад бўлиб қолган.

Туркияда минглаб газеталар чиқади. Ҳаммаси рангли ва расмларга бой, аммо ўқийман десангиз жиддий гап топа олмайсиз. Америкага келганда эса унақа газеталарни жуда оз учратдим ва уларни “кўча” нашрлари дейишади.

Йирик ва жиддий газеталар ола-була эмас, балки биз азалдан билган қора-оқ рангда чиқади. Ваҳоланки агар рангли чиқарамиз дейишса, уларнинг жуда катта имконлари бор. Аммо жиддийликни сақлаб, айни пайтда иқтисодий мақсадни ҳам кўзлашади.

Интернетда ҳам саҳифага қанча  техник оро бериш юқори бўлса асл мақсад шунча узоқлашади. Ҳар бир чизиқ ва ҳар бир жило, ҳар бир расм ва сувратни компьютер “ўқиб олиши” учун куч, хотира, вақт сарфлаши керак.

Янги услубдаги безакларни эса эски компютерлар “ўқимайди”. Ўзбекистонда арзон бўлсин, дея аксарият жойда эски компютерлар қўлланилади. Аммо энг янгилари ҳам баъзан қийналади.

Ана шуларни ҳисобга олиб саҳифамда кўп рамкалар, жилою жим-жималар ва расмларга ўрин бермадим. Саҳифам рўйхатга олинган идора таклиф этган махсус веб саҳифа чизмаси жуда ҳам чиройли ва “профессионал”. Аммо уни қўйсам Ўзбекистонда очилиши амри маҳол бўлади. У ердаги компютер то бош саҳифани ўқиб олгунча  ўқувчининг тоқати тоқ бўлиб, бу саҳифага цензура қўйилган экан деб бошқасига “ўтиб” кетади.

Шу боисдан ҳам мақсад ёзилганларни одамларга ўқитишдан иборат бўлса, ҳали содда саҳифалар йўлидан бориш керак. Мақсад ким яхши кийинади каби, ким яхши безакли саҳифа қила олади (яъни “Онангни отангга бепардоз кўрсатма” мақолига амал қилиш)дан иборат бўлса унда бу бошқа  масала.

Бунинг устига компютернинг қайси программада ишлаши ва веб саҳифанинг қайси дастурга мосланиши ҳам муҳим.

Хуллас, назаримда  ана шунча сабаб бор. Яна мен билмаган яна қанча сабаблар бўлиши мумкин.

2005.

Ижод ва сиёсат

САВОЛ: Америкада ҳам шоирлар сиёсатга аралашадилар-ми? (Наргиза).

ЖАВОБ: Шоирларнинг сиёсатга аралашишлари кўпроқ Шарққа хос бўлган хусусиятдир. Азалдан шоҳлар ё шеър ёзганлар ёки шоирлар подшо бўлганлар.

Қизиғи Исломда шоирлар улуғланмагани ҳолда Шарқдаги халқлар ҳамма вақт шоирларни улуғлаб келганлар.

Америкада шоир деганда дарвешнамо, дунё билан у қадар иши бўлмаган, ичкиликни, кайфу сафони севадиган бир образ пайдо бўлган. Лекин бу дегани жиддий шоирлар ҳам йўқ дегани эмас. Улар ҳам ўзларини энг эркин одамлар деб ҳисоблайдилар, сиёсатга киришни эса ўзларига эп кўрмайдилар. Улар ўзларини чиркин сиёсатдан юқори қўядилар.Халқнинг дардини очиқ ёзадилар ва президентга мадҳиябозлик қилмайдилар.

Бу ерда шоирлар эмас, балки киноюлдузларининг кўпроқ сиёсатга аралашганларини кузатишингиз мумкин. Улар шоирларга қараганда сиёсий жиҳатдан кўпроқ фаолдирлар. Бу фаоллик 1950 йиллардан кейин бошланган. Киноюлдуз Лодгенинг губернатор бўлишию бошқа киноюлдуз  Мурфейнинг сенаторликка сайланиши ҳамда яна бир киноюлдуз Роналд Рейганнинг президентликка қадар етиб келгани бунинг бир мисолидир.

Журналистлар оламида ҳам сиёсатга кирмаслик кузатилмоқда. Сиёсатни ташлаб журналистлик қилаётганлар кўпаймоқда.

2005.

Демократия халқ бошқарувидир

САВОЛ: Ҳозирги кунда қайси мамлакатда демократиянинг ҳақиқий кўриниши мавжуд? Чунки ҳозирги бўлаётган воқеалардан кейин, менда шундай ишонч ҳосил бўлдики, дунёда ҳеч қандай демократик мамлакат қолмагандек. Бунга сиз нима дейсиз? (Сардор).

ЖАВОБ: Агар демократия халқ бошқаруви десак, демак ҳозирги кунда дунёнинг жуда кўп жойида шундай тузумлар мавжуд. Аммо демократиянинг ҳақиқий қолипи қандай бўлишини ҳеч ким билмайди. Лекин бугунги тузумлар орасида инсоннинг моддий ва маънавий эҳтиёжларини қондиришга энг яқин бўлгани мавжуд демократик деганимиз тузумлардир ва уларда мезонлар турличадир.

Демократияни ҳар ким ҳар турли тасаввур қилади ва шу боис ҳам ҳукуматлар алмашганда баъзан демократик бошқарувда ҳам ўзгариш юз беради. Лекин тамал мустаҳкам бўлса, вақтинчалик бошқарувни қўлга олган ҳукуматлар ёки сиёсий партиялар демократияга зарар етказишлари мумкин аммо уни бутунлай йўқота олмайдилар.

Интернетни демократиянинг рамзий суврати деб ўйлар эдим. Аммо вақт ўтиши билан бу сувратнинг ҳам мукаммал бўлмаган жиҳатлари кўринмоқда.  Яъни инсоннинг моддий ва маънавий фойдаси билан бир қаторда моддий ва маънавий зарарига ҳам “ишлай” бошлади. Бу интернетнинг камчилиги эмас, балки инсон хислатидаги камчиликнинг интернетдаги инъикосидир.

Худди шундай инсон хислатидаги камчиликлар ҳар қандай тузумларда ҳам ўз аксини кўрсатади. Интернет ҳар қанча мукаммал бўлиб боргани билан “хакер”лар ҳам шу қадар “зукко”лашиб борганлари каби демократик жамиятлар ҳар қанча софлашиб борсалар, доғ туширадиган унсурлар ҳам шу даражага етишга уринадилар.

Битта шахс томонидан эмас, балки халқ эркин сайлаган эркин парламент томонидан қабул қилинган ва халқ муҳофазасида бўлган Асосий қонун билан бошқариладиган демократия тарафдориман.

Атрофга яхшилаб назар солсак, ана шундай асосдаги мамлакатлар бор ва улар бўлади ҳам.

2005.

Қўшма гаплар

САВОЛ: “Дакота йўлида” ёзилган баъзи шеърларингизни ўқидик, яна эълон қилишингиз мумкин-ми? (Насиба).

ЖАВОБ: Зотан улар бир мажмуа ҳолига келганда эълон қилиш ниятим бор. Бу қофиябозликдан кўра кўпроқ қўшма гапга ўхшайди. Аммо айтилмаган қўшма гаплар.

Ҳиссиётни ўзига ўраган қўшма гаплар.

Юракнинг тубида чўкиб ётган қўшма гаплар…

Қўшма гап бўлмаган қўшма гаплар…

Келинг, суханингиз синмасин, мана бир нечтаси:

 

Қул эдинг,

Қул бўлдинг,

Ва лек…

Худонинг қошида эмас.

Пул дединг,

Пул единг,

Ва лек…

Ҳалолнинг ошидан эмас.

 

Гул дединг.

Гул олдинг,

Ва лек…

Қабрнинг  бошида эмас.

 

***

 

Инсон қариганда

Қулон бўлади.

Тўлғанавериб,

Ётган тўшагида,

Илон бўлади.

 

***

 

Қувонганда

уйқу қочади,

хафа бўлсанг,

яна уйқу қочади,

аросатда қолган кунингда

уйқу эшикларин очади.

 

***

 

Умр ўрмонини

ёқиб кетибсан,

дарёнинг тушида,

оқиб кетибсан,

ўзинг билмайсан.

Дунёни бир пулга

сотиб кетибсан,

дўстингни қийратиб

отиб кетибсан,

ўзинг билмайсан.

Кўзинг кўр,

қулоқларинг кар,

бағринг сўқир,

Яна…

Ўзинг билмайсан.

 

****

 

Шоҳ дейди:

Тур!

Ўтир!

Ёт!

Ўл!

 

Халқ дейди:

Тўр!

Кет!

Қот!

Дод!

 

Хўш… Тангри-чи?

Тангри  нима дейди?

Ҳузурига борганда биламиз…

Агар борсак,

Боролсак!

 

***

 

ИТХОНА ГУРУНГИ

 

Итбоши:

Мен донғимни таратганман,

Кўкни ерга қаратганман,

Сизни ҳам мен яратганман,

Ҳов! Ҳов! Ҳов!

Ҳов! Ҳов! Ҳов!

 

Қанжиқлар:

Сиз донғингиз таратгансиз,

Бизни кузда сайратган Сиз,

Яратган не, яратган Сиз,

Вов! Вов! Вов!

Вов! Вов! Вов!

 

Итваччалар:

Сиз бизларни яйратгансиз,

Элни бизга қаратган Сиз,

Яратганни яратган Сиз,

Ак! Ак! Ак!

Ак! Ак! Ак!

2005.

Ҳукумат ва одам

САВОЛ: Мана АҚШда яна бир Давлат котиби ишдан кетди, у бечоранинг келажаги нима бўлади, энди, аҳволига маймунлар йиғласа керак? (Исмоил).

ЖАВОБ: АҚШда ҳукуматдан кетиш фожеа эмас, балки катта имкониятдир, омад ва эркинлик учун очилган йўлдир.

Бундай пайтда бир эшикнинг ёпилиши ўнлаб эшикларнинг очилишига олиб келади. У уйидан туриб маслаҳатчи бўлиши учун ҳукуматдаги маошининг ўн бараварини тўлайдиган компаниялар, ойда бир лекция ўқиши учун истаган қадар пул беришга рози илмий даргоҳлар ёки ёзадиган китобини олдиндан 10 миллион долларга сотиб олиш учун шартномага ҳозир турган нашриётлар вакиллари унинг изидан қувиб юрадилар.

Ана шундай ҳол бўлгани учун ҳам бу ерда раҳбарлар дадил туриб истеъфо берадилар ва кеча-кундуз тинмай ишлашдан эркинлик дунёсига чиқиш имкониятини қўлга киритадилар..

Ўзбекистонда эса раҳбарликдан, ҳукуматдан кетган одамни одам ҳисобламаслик одати бор. Бу  энг катта фожеаларимиздан биридир. Шу боис ҳам ҳукуматга келган одам кетгиси келмайди ва ҳамма нарсага рози бўлиб, ҳатто қўли қонга беланса ҳам кетмай ўтираверади.

2005.

Кетганлар қайтмайдилар

САВОЛ: Четга кетганлар қачон қайтадилар? (Нуриддин).

ЖАВОБ: Кетганлар қайтмайдилар.

Ғазнавий зулми даврида бош олиб чиқиб кетганлар Авропа остонасига қадар етиб боришди ва Усмонли, кейин Туркияни қуриб ўша ёқларда қолиб кетишди. Қайтишмади.

Шайбонийхон дастидан Афғонистонга кетган Бобур Мирзолар Ҳиндистонга қадар боришди ва ўша ёқларда қолиб кетишди. Қайтишмади.

Рус истилоси даврида чиқиб кетганлар “Бугун қайтамиз, эртага қайтамиз, Туркистон мустақил бўлса қайтамиз, Ўзбекистон мустақил бўлса қайтамиз” дея ўзларини алдашди. Қайтишмади. Ўзбекистон мустақил бўлгандан кейин ҳам орзулари сароблигича қолди.

Кечаю кундуз Ғарбни қарғаб (нонини еб тузлуғига тупуриб) юрадиган, оиласи билан Каримовнинг оёғини ўпадиган бир оилага Тошкентда уй-жой ҳам қилиб беришди, қайтишмади.

Каримов қатағони пайтида чиқиб кетганлар ҳам қайтмайдилар.

Яқинда Америкада беш йил ўқиб Тошкентга бориб, кейин бутунлай АҚШга қайтиб келган бир йигит билан гаплашдим. У шундай ҳикоя қилиб берди:

“Ака бу ердалигимда Ватан ҳар куни тушимга кирарди. Асал қовунлари, ширин тарвузлари, ташна босар сувлари, тўйимли нонлари, меҳмондўст одамлари, гўзал қизлари, гаштакчи йигитлари… хуллас, чанг кўчалари, тўйларию куйларига қадар соғинардим. Тезроқ ўқишим битсаю қайтсам дер эдим.

Ўша кун етиб келганда ўзимни бургутдек ҳис қилдим. Жаннатга бораётгандек  бир ҳиссиёт билан бордим Ватанга. Лекин тарвузим қўлтиғимдан тушди. Ҳамма нарса ўзгарган эди. Ҳатто суви ҳам менга бегона эди. Ичсам ичгим келмасди. Нонини есам, тавба қилдим, худди кесак тишлаган каби бўлардим. Бу ернинг суви, бу ернинг нонига ўрганган эканман. Қовунидан есам заҳарландим, тарвузидан есам заҳарландим…

Тўйлар ҳам бошқача, йўллар ҳам бошқача, ҳатто одамлар ҳам бошқача, жамият бутунлай бузилган, ахлоқ издан чиққан, одамгарчилик тамом бўлган, телевидение ҳам бошқа, газеталар ҳам хабарлар ҳам бошқа, ҳатто…

Ҳар қадамда ўзимни камситилган ҳис қилдим. Миршаблар ҳар куни йўлда тўхтатиб дўқ урганда бу ерда беш йилда бир марта ҳам полисга ишим тушмаганини эсладим, одамлар автобусда туртиб кетганда, бу ерда мен билмай туртиб юборган одам мендан узр сўраганини хотирладим…яшай олмадим, иш ҳам йўқ эди. Пора бермасангиз иш йўқ. Пора берсангиз кейин ўғирлик қилишингиз керак. Мен эса ҳалол меҳнат қилиб яшашга ўрганган эдим. Хуллас, Ватан менга бегона эди.

Шунда мен илгари кетганлар нега қайтмаганларини англадим. Қайтганлари ҳам қисқа вақт меҳмон бўлиб яна кетиб қолишганини тушундим…”

Бундай аччиқ ҳикояларни бир кишидан эмас, кўплардан эшитмоқдаман.

Ўз уйим, ўлан тўшагим, деган гап бор. Кетганлар қаерлардадир ўз уйларини қурдилар. Ўша ернинг тилини, маданиятини, шароитини ўргандилар. Меҳнат қилиб, ҳалол яшаш, меҳнатларига яраша ҳақ олиш мумкинлигини кўрдилар.

Энди ўзлари қайтсалар ҳам болалари қайтмайди. Болалари қайтмади-ми тарихий Ватан уларга торлик қилади ва яна ортга йўл оладилар.

Бир кетгандан кейин қайтиш осон эмас. Қайтиш бу қайта туғилиш, ҳамма нарсани қайта бошлаш демакдир. Бу эса табиатнинг қонунларига зид. Ҳамма ҳам табиатнинг қонунларини бузиб яшашга қодир эмас. Қайтганлар қаҳрамонлардир! Қаҳрамонлар эса жуда оз, ҳатто бармоқ билан санарли даражада оз бўлади. Бугунга қадар эса ҳали бундай қаҳрамонлар чиқмади.

2005.

Бугуннинг мухолифати

САВОЛ: Бугунги ўзбек мухолифати таркибини қандай баҳолаш мумкин. (Отабек).

ЖАВОБ:  Ҳар ким ҳар турлича баҳолаши мумкин. Масалан, қуйидаги уч гуруҳга ажратган бўлардим.

Биринчи гуруҳ: Режимга қарши курашиб уни ўзгартириш тарафдори бўлган, миллат ва мамлакат  келажагига бефарқ қарай оламган кишилар. Булар умуммухолифатдан  кўра якка мухолиф ҳолида қолмоқдалар. Қора режим уларга бирлашиш имконини бермаяпти.

Иккинчи гуруҳ: Кундалик турмушини ўтказиш учун мухолифатчи кўриниб, асл мақсади эса грант, пул топишдан иборат бўлганлар. Бундай мухолифатчиликни касбга айлантирганларни ҳам тушуниш мумкин׃ яшаш учун кураш.

Учинчи гуруҳ: Бир муддат мухолифатчи кўриниб, унинг бир қанотиман ёки аъзосиман деб  юриб,  аслида чет эллардан сиёсий бошпана олишни назарда тутганлар. Улар ҳам халқнинг бир бўлаги ва яхши яшашга ҳақлидирлар. Шу нуқтаи назардан бу ҳолатни мухолифат ёки мухолифларнинг халқ ҳаётини яхшилашга қаратилган хизматларидан бири деб ҳам баҳолаш мумкин.

2005.

Ажабланишга ўрин йўқ

САВОЛ: “Мухолифат лидери”, “демократик кучлар лидери” каби унвонлар кўпайиб кетди, бу борадаги фикрингиз?(Сарвар).

ЖАВОБ: Биласизми, вазиятни Чеховнинг “Олтинчи палата” ҳикоясидан илҳомланиб баҳолайдиган бўлсак, бугун бирор жиннихонага борсангиз у ерда кўплаб,  “Наполеон”, “Кутузов”, “Сталин, “Брежнев” ва ҳатто “Каримов”ларни ҳам учратиш мумкин.

Улар ўзларини шу номлар билан атайдилар ва ҳақиқат шундай эканлигига чин дилдан ишонадилар.

Дўхтирлар ҳам, палатадошлари ҳам уларни шу ном билан чақирадилар. Ҳатто ўлганда шу номларини айтиб, дуо ҳам қилган ҳолларини эшитганмиз.

Шундай экан, ажабланишга ўрин йўқ: дунёнинг бир қисми жиннихонадир!

2005.

Манфаатлар тўқнашганда

САВОЛ: АҚШнинг Ироқда олиб бораётган демократия сиёсатини, Европа мамлакатлари нефт учун бўлаётган кураш дейишмоқда, ҳамда АҚШ ҳукумати бўлса, ҳали Ироқда демократияни ўрнатиб бўлмасдан Эронда демократия ўрнатишни истаб қолди, яна нима деса бўлади, бу мени фикрим, агар АҚШда 2001 йил, 11 сентябр воқеаси бўлмаганда, Афғонистонда, Ироқда ва қолган қашшоқлашган мамлакатларда демократия ўрнатилмас эдими? (Қирғизбой).

ЖАВОБ: 2001 йилдан олдин ҳам АҚШ бир қатор мамлакатларда демократия ўрнатиш сиёсатига эга эди. Чунки бу унинг манфаатларидан келиб чиқади. 2001 йил эса ана шу сиёсатнинг айрим нуқталари, ҳаракат турлари ҳамда жуғрофий йўналишини ўзгартирди.

АҚШга ҳам қийин. Бирор диктатор ёки яккаҳоким режимни танқид қилса, “Гап билан иш битармиди!” дейишади. Масалан, ўзимизнинг мухолиф қарашдагилар ҳалига қадар АҚШни Каримовга нисбатан юмшоқ давранишда айблаб келадилар. Аслида эса, АҚШ Каримовни 10 йил олдин қандай танқид қилган бўлса, бугун ҳам танқиднинг тузи пасайган эмас. Бунга АҚШ Давлат департаментининг ҳар йили бир марта эълон қиладиган Инсон ҳуқуқлари бўйича ҳисоботини олиб, йилма-йил солиштирсангиз ишонч ҳосил қиласиз. Кейинги йилларда танқид ҳатто кучланиб, баъзи ҳолларда иқтисодий санкциялар даражасига қадар етганини ҳам кўрасиз.

Аммо диктаторлар бундай сиёсатни оёқ учи билан кўрсатсалар, менсимасалар, хўш нима қилиш керак? Бир томонда чора кўр деганлар, иккинчи томонда менсимаганлар.

Фалакнинг чархи айланиб, АҚШ Каримовга қарши уруш очиб қолса борми, бугун унинг душмани бўлганлар ҳам уни ҳимоя қила бошлайдилар. “Бу Мурунтов олтини учун бўлди”, “Бу ўзбек пахтаси учун бўлди” ҳатто “Бу Мақсудийлар учун бўлди” деганлар ҳам топилади.

Хуллас, сиёсат мана шунақа. Косовода мусулмонлар қатлиом қилинганда бутун дунё жим экан, АҚШ ҳимояга борганда майли, аммо диктатор Саддамни ағдарса, йўқ! Бу ҳам сиёсат!

Американинг ўзида ҳам бу сиёсат қутблашмага олиб келди ва одамлар ҳар куни шу мавзудан бош чиқармайдилар. Мана сиз билан биз ҳам шуни гаплашаяпмиз.

Эрон борасидаги хавотирингизга келганда эса, Вашингтон Теҳронга уруш очишига ишонмайман. Чунки Бушнинг тўрт йили қолди. Кейин кетади. У “Йўқ” деб турибди, ҳатто истаганда ҳам конгресс изн бермайди. Чунки у кетгандан кейин конгресс қолади ва сайловга чиқади.

Ҳа, “Конгрессда Бушнинг партияси ҳукмрон-ку” дейишингиз мумкин. Демократик режимда бу у қадар ваҳима эмас. Яқинда Бушнинг хавфсизлик борасидаги қонун-таклифига биринчи бўлиб демократлар эмас, республикачилар қарши чиқишгани ва Буш улар билан муросага боргани бунинг бир мисолидир.

Бутун дунё гапираётган ва ўнлаб китобларга сиғмаётган мавзуни қисқа бир савол-жавобга жойлаш қийин.

Мухтасар қилиб айтганда эса бу ишни АҚШ бажарадими, ўша халқларнинг ўзлари бажарадиларми, лекин барибир демократия ёйила боради. Буни тўхтатиш мумкин эмас. Чунки одамлар оқ ва қорани таниб олишмоқда.

Илгариги каби дунё бир фикрли, ёки икки фикрли эмас, балки плюрализм давридир бугун. Ҳатто Арабистон томонларда ҳам демократия истаб, намойишларга чиқиш эҳтимоли пайдо бўлгани Худо ҳокимиятни кимларгадир муҳрлаб бериб қўймаганини оддий одамлар тушуна бошлаганларидан далолатдир.

Ҳар қандай урушлар ва қон тўкилишларига қаршиман. Буни юрагимга сиғдира олмайман. Лекин бу реаллик эмас, хаёл, утопиядир. Демак, утопист эканман. Аммо айни пайтда ёруғ келажакка ишонаман. Афғонистон ва Ироқ бугун катта йўқотмоқда, лекин зулматдан ёруғликка томон катта келажакни қўлга киритмоқда ҳам.

2005.

Саволар…саволлар…

САВОЛ׃ Нимадан бошлашни ҳам билмайман. Мен иқтисодчиман, ҳали талабаман, ёшман. Мавжуд дунёқарашиму фикрлаш доирамни сизнинг ижодингиз маҳсуллари, аниқроқ айтилса, бошдан кечирганларингиз умуман ўзгартириб юборди.

Сиздек шерюрак демократ бу қузғунларни додини бера олмабтими, демак, булар катта куч! Мени бир факт жуда ҳайрон қолдиради, Ислом Абдуғаниевич мавжуд камчиликларни яширишга уриниб, вазиятни янада таҳликали кўринишга олиб келаётганини наҳотки тушунишмасалар?

Йиғилган бойликлару, ҳаром мол дунё кимга вафо қилган? Халқнинг сабрини ўлчашга қарор қилишганми? Тушунарсиз…

Ҳозир Шавкат Мирзиёев ёки Эркин Халилов ўрнида сизнинг номингиз бўлиши мумкин эди. У ҳолда мен ва менга ўхшаган ҳозирча фақат томошабинлар билан электрон почта орқали фикрлашиб ҳам ўтирмас эдингиз. Умуман Жаҳонгир Муҳаммад деган Жалолиддиндек қаҳрамон ҳам юзага келмас эди.

Хўш, сизни бу ҳаракатга ундаган ички олов уларда йўқми? Ёки сизнинг “олов”ингизни сотиб ола олишмаганми? Бунга пуллари етмаганми? Ўзи кишининг “нархи” мавжудми? Сизни ҳам “рози” қилиш мумкинмиди? Йироқда унга қарши курашгандан ўз хизматида бўлишингиз унинг учун манфаатлироқмасмиди? Сизни нима мажбур қилди? Уларда шу “нимадир” мавжудми, йўқми?

Мамлакатни шу аҳволга олиб келиб, “охирги тўрт беш йил ичида мамлакат иқтисодиётида мисли кўрилмаган ўсиш кузатилди” дея баёнот бериш кимга керак?

Жаҳон Валюта Жамғармасигами, Европа Тикланиш ва Тараққиёт Банкигами? Уларни ўз ахборот манбаалари мавжудлигини баёнотни эълон қилувчи билмайдими? Бунинг учун ақл керакми? Ёки “мамлакат иқтисодиёти” сўзи “мансабдорларнинг шахсий бойликлари” сўзи билан алмаштириб юборилганми? Тушунарсиз…

Кўриниб турибдики, баъзи бир мухолифатчилар билан таққослаганда сиз анча жиддий “донасиз”. Агар хавфни бартараф қилиш мақсадида “йўқ қилиш” ҳаракати бошланса, сиз рўйхат бошида бўлишингиз аниқ. Аммо эмишки, “унинг боши фалон кронага баҳоланмиш”. Ёлғон имидждан кимга фойда? Сценарий бошидан охиригача ким томонидан саҳналаштирилганию, кимнинг асарилиги кўриниб туриптику? Шундай мухолифатларимизни, уларнинг гарчи мамлакатдан қувғинда бўлсада ҳамжиҳат эмасликларини кўрган жаҳон жамоатчилиги “ўзбеклар диктатурага мойил, акс ҳолда миллий низоларни ҳал қилиб беришдан бошимиз чиқмайди” деган хулосага келишмайдими?

Манфаатлар бирлашганда ҳам кишилар бирлашмаслиги мантиқсиз ҳолдир, ҳатто “ўрмон қонуни” да агар вазият оғирлашиб очлик бошланса шоқоллар ҳам каттароқ ўлжаларга бирга ҳужум қилишиб, уни овламагунча бир-бирларига панд бермайдилар, аксинча ҳамма баҳоли қудрат овга ҳисса қўшади. Фикримча мухолифатимиз олдин “монопол” бўлиб олиб кейин, ҳукуматга қарши курашмоқчи. Биринчи курашда асосий куч йўқотилса, иккинчи, ҳал қилувчи курашдан нима кутамиз? Бу ҳам тушунарсиз…

Биз ҳозир оламда муқобили мавжуд бўлмаган диктатор яратдик, бу ўз-ўзидан бўлмагани ҳеч кимга сир эмас. Наҳотки ҳокимият тепасида унга таъсир ўтказа олган киши бўлмаган? Наҳотки шундай “қобилиятлиларни” йўқ қилишдан бошланган бўлса иш? Буни била туриб ҳам унга хизмат қилишга ҳозирлар мавжудми? Манқуртлардан иборат бошқарув тизими истиқболини кўра олиш учун мунажжим бўлиш шартми? Қачонгача шу зайлда давом қилдиришмоқчи? Тушунарсиз…

Мен сизга очиқдан очиқ хат ёзишга қўрқаман. Бу сизга ишонмаслигимни билдирмайди! Ахир сиз мени Ислом Абдуғаниевичга “сотиб” нима фойда топасиз? Мен ўзимдан ўзим қўрқаман! Фақатгина ўзбекларда мавжуд “деворнинг ҳам қулоғи бор” каби мақоллар ушбу доимий ишончсизлигимиз менталитетимизга тарихдан мерослигини яққол намойиш етади.

Хўш мен кимдан қўрқаман? Биз кимдан қўрқамиз? Нега бирлашиб бу қўрқувни даф эта олмаймиз? Бизга бу ишни ким қилиб беради? Кейин биз ўшанинг хизматини қиламизми? Бу қачонгача давом этади? Тушунарсиз… (Исмини ёзмаган муаллиф).

ЖАВОБ: Бу юракни ўртаган саволлар мажмуасидир ва жавоблари ҳам ўзи билан бирга. Уларни ажратмоқчи ва ҳар бирига алоҳида тўхталмоқчи ҳам бўлдим. Аммо қарасам, ҳаммаси бир-бирига боғлиқ. Фақат унинг ўзим ҳақимдаги илиқ сўзларини бундан кейин ҳам демократия учун курашни тўхтатмаслика чорлов деб қабул қилдим.

Аслида бу саволларга жавоб бергандайман. Ҳа, “Қувғин” романида ва “ИАК” мемуарида худди шу саволларга жавоб топишингиз мумкин. Вақт топиб ўқишингизни истардим.

2005.

Сурат ва сийрат

САВОЛ: Саҳифангизни янгилабсиз анча рангларга бой веб-саҳифа тайёрланибди. Сиз ҳам анча ўзгарибсиз, яъни йиллар ўтган ва кўринишингиз ҳам анча хорижлик яъни амирқоликларга ўхшабди, шунга бир савол: аввалги расмингиз анча равшан ва тиниқ эди, лекин бу саҳифангиздаги суратингиз хирароқ, нимага шундай экан-а? Сизни равшан суратингизни кўришни истаган мухлисингиздан. (Фармон).

ЖАВОБ: Бу менга ёққан саволлардан бири. Чунки ҳақиқат ва киноя жуда усталик билан, ўзбекона услубда баён этилган савол.

Аввало шуни айтайки, шу каби хатлар боис такрор суратнинг эскисини қўйдим. Чунки янги сурат компютеримда яхши кўринган ҳолда. бошқа жойларда хира кўринибди. Ҳатто Фармонбек ёзганларидек, сурат эмас расм бўлиб кўринган. Аслида расм суратга нисбатан хира бўлади. Лекин меники расм эмас эди-да.

Қолаверса, бунинг ҳам кўп сабаблари бор. Баъзан компютер эски бўлади. Баъзан кўзимизга кўзойнакни тақмасдан қарашимиз мумкин ёки йиллар кўзимиздаги нурни бироз ўғирлаб қўйганини сезмай қоламиз…

Амриқоликка ўхшаб қолганим ҳақидаги гапга эса унча қўшилмайман. Чунки жуда кўп мамлакатларда ерли халқларнинг ўзига хос, миллий кўринишлари мавжуд, ҳатто Авропадаги жуда кўп мамлакатларнинг одамларини юзларидан танишингиз мумкин. Аммо Америкада бундай эмас. Америка халқи бутун дунёдан келган одамлардан ташкил топган. “Амриқолик” деган кўриниш йўқ. Агар асл америкаликлар бўлган қизил танлиларни назарда тутган бўлсангиз уларнинг келиб чиқиш нуқтаси билан туркларники айни-Олтой. У ҳолда аслимизга ўхшаб қолган бўлсак нур устига аъло нур.

Гап шундаки, расм хира бўлиши мумкин, кўринишда ўзгаришлар юз бериши табиий. Аммо тафаккур, зеҳният, дунёқараш ва ўзликда, воқеаларга муносабатда, келажакка боқишда хиралик бўлишидан Тангри асрасин.

Шу боис сиздан илтимос, келгусида саҳифамга яна кўплаб қўядиганим–суратимга у қадар эътибор қилманг, балки сийратимга назар солинг ва ёзганларимда хира нуқталар бўлса, мени воқиф этинг. Бу билан менга улкан ёрдам берган бўласиз.

2005.

Халққа эмас, хотинга

САВОЛ: Ўзи ташқарида бўла туриб баъзиларлар халқни кўтарилишга чорлашяпти, айниқса, сайловлар арафасида буни кўп кузатдик. Сизнингча бу тўғрими? (Ўзбек йигити).

ЖАВОБ: Саакашвили халқни кўтарилишга чорлаганда Авропада эмас, Тбилисида эди, Тимошенко ва Юшченколар ҳам Америкада эмас, Киевда эдилар…

Халқни кўтарилишга ташқаридан туриб чорлаш бу фақат ўз-ўзини, ўз ҳирсини қониқтиришдир.

Халқни ичидан туриб кўтармасангиз у ўзича, айниқса диктатура шароитида, қўзғалмайди.

Бозорини кўчирсангиз, ерини олсангиз, уйини бузсангиз қўзғалиши мумкин, аммо бу оддийгина ваъда билан ётқизиладиган кўтарилишдир. Бу сиёсий кўтарилишга қадар ўсиб чиқиши учун у билан ёнма-ён туриб, уни бошқариш керак.

Ташқаридан туриб, халқни кўтарилишга чорлаш “Сен ошни пишириб қўй, мен бориб ейман!” деган фалсафанинг маҳсули. Бу фалсафа фақат хотинга ўтиши мумкин, халққа эмас.

2005.

Танқиднинг фойдаси

САВОЛ:”Фарангейт 9/11″ ҳужжатли фильмини кўрдингизми, ундаги Буш ҳақидаги гаплар тўғри деб ўйлайсизми? (Сардор).

ЖАВОБ: Кўрган эдим, бундан қарийб олти ой олдин. Унда шу қадар кўп нарса борки, униси тўғри, буниси нотўғри деб баҳо бериш учун бутун бошли ФБР каби бир ташкилотнинг кучи керак бўлади.  Зотан муаллиф Майкл Мурнинг ўзи ҳам филмга баҳо бериб, “Бу менинг шахсий қарашларим” деганди.

Филм муаллифга 200 миллион доллардан зиёд фойда келтириш билан бирга халқаро Кан кинофестивалида ғолиб чиқди. Американинг 21 миллион фуқароси овоз берган “Халқ танлови” конкурсининг ҳам совриндори шу филм бўлди ва йилнинг энг яхши асари, деб эълон қилинди.

Айни пайтда филм Бушга ҳам сайлов арафасида фойда келтирди. Кўп одам Америкада демократия бўғилмоқда, танқидга тоқат йўқолмоқда, деб турган бир пайтда Бушни ердан олиб кўкка улоқтирган, кўкдан олиб ерга урган ҳужжатли филм мамлакатнинг кинотеатрларида узоқ муддат намойиш этилди ва диск сифатида кино прокатларга чиқди. Америка тарихида энг кўп томоша қилинган ҳужжатли филмга айланди. Филм баҳонасида Буш ҳақида танқидий мулоҳазали чиқишлар ҳозирламаган матбуот воситаси қолмади.

Яна бир қизиқ детал: филм ҳамма жойда намойиш этилиб, тортишувлар бораётган бир пайтда Бушнинг тарафдорлари республикачилар партиясининг қурултойига тўпландилар. “USA Today” газетаси республикачиларнинг ғазабини уйғотган филм муаллифи Майкл Мурдан ана шу қурултойда қатнашиб, репортажлар ёзишни сўради. У қурултойдан йўллаган репортажлари ҳам филми қадар аччиқ, танқидий эди.

Бундай ҳолни бошқа жойда тассаввур қила оласизми?

Бу ҳам демократиянинг бир кўриниши.

Қарашлар учун ҳурмат

САВОЛ: Барча саволларга жавобларингизни ўқиб чиқдим, кўп фикрларингизга қўшиламан, лекин баъзи нарсаларга  қўшилмадим, масалан Америка ҳақидаги гапларингизга, нега Ироқни ишғол қилиб турган Американи бунча мақтайсиз? (Саҳий).

ЖАВОБ: Биласизми, Америка ҳақида бутун америкаликлар тинмай гаплашишгани боис кўпроқ Ўзбекистон ҳақида баҳслашишни истар эдим, лекин савол берилгани боис баҳолу қудрат жавоб берганман.

Жавобларим қатъий қоидалар эмас-шахсий қарашларим. Кимгадир ёқиши ёки кимгадир ёқмаслиги табиий. Бир йил олдинги жавобим бугунгисига зид тушиб ҳам қолиши мумкин. Чунки шу бир йилда дунё ўзгаргани каби инсон ҳам, унинг қарашларида ҳам ўзгариш бўлиши табиий ҳол.

Аммо фундаментал қарашлар мавжуд ва улар осонликча ўзгармайди. Шулардан бири демократия ҳақидаги қарашларимдир.

20 йил олдин ҳам демократия тарафдори эдим ва бундан кейин ҳам шундай бўлиб қолишига ишончим мавжуд.

Биласизми, Каримов ёмон деб Ўзбекистонни, ўзбек халқини ҳақорат қилиш тўғри бўлмаганидек,  маълум бир воқеалардан келиб чиқиб (масалан, Ироқ воқеаси) бутун бошли Американи қоралашга ҳам  қўшилмайман ва бундай ҳолда Американи ҳимоя қиламан.

Демократия шароитида ҳукуматлар, раҳбарлар келиб кетувчилардир, демократия ва мамлакат эса қолувчидир.

Одил бўлишимиз керак. Агар:

-Қутайба аскарлари Ўрта Осиёни босиб олганди, қон тўкилмаган хонадон қолмаганди, халқнинг динини ўзгартириш учун ҳар бир уйда биттадан арабни қилич билан қўйишганди ва улар  ёш гўдак қизларни зўрлагандилар, бесоқолбозликни ёйгандилар, дея исломни айбласалар нима деган бўлар эдингиз?

-Амир Темур Туркияни ишғол қилган эди, мамлакатни қонга бўяганди, дея бугун турклар Ўзбекистонни қораласалар ёки ўзбекларни ҳақоратласалар қандай жавоб қилардингиз?

-Бобир Ҳиндистонни босиб олганди, дея ҳиндлар ўзбекларни “қотиллар” деб эълон қилишса ўзингизни қандай ҳис қилган бўлардингиз?

-Месхет туркларини ўзбеклар қувиб чиқардилар, деб айтишганда нега жаҳлимиз чиқади?

Чунки ташҳис нотўғри.

Қарашларим қоидадир, истайсизми йўқми, шу ҳақдир, десам, у ҳолда диктаторлардан фарқим қолмайди. Фикрларимга қўшилмаслик  эса сизнинг ҳам ўз қарашингиз борлигини кўрсатади ва биринчидан, сизга нисбатан ҳурмат уйғонса, иккинчидан, қарашларим, фикрларим ўзига хос экан, дея хурсанд бўламан.

Қарашлар учун суд қилмайдилар, қарашлар учун ҳурмат қиладилар. Бу демократиянинг хосиятидир.

Америка ҳақида ҳамма гапни матбуотдан ёки интернет тармоғидан топиш мумкин. Бу очиқ жамият. Танқидни ҳам, мақтовни ҳам, таҳлилни ҳам, хулосани ҳам биздан ошириб ёзиб қўйишган ва ёзишмоқда ҳам. Лекин Ўзбекистонда бундай эмас, Ўзбекистон ёпиқли қозон. Шу боис кўпроқ ана шу ҳақда гаплашсак ёмон бўлмасди.

Ироққа келсак, Америка ироқликларнинг талаби ва Бушнинг хатоси билан кирди ва бир куни ташлаб кетади. Мана кўрасиз.

2005.

Бутунлашиш томон…

САВОЛ: Бир даврада ўтириб, қолиб “сарт” деган сўз қаердан келиб чиққанига талашиб қолдик, шу сўзга аниқлик киритсангиз, чунки тарихни анча яхши биласиз. Мани фикримда, олдинлари қозоқларни қозоқ десак, улар бизга эй сарт деб жавоб қайтаришар эди, шунга менга бу сўз худди ҳақорат сўздек туюлади… шунга сиз нима дейсиз? (Сардор).

ЖАВОБ: Тарихни яхши билиш мушкул. Чунки тарих шу қадар буюк уммонки, унинг бир қатрасини томоша қилиш учун минг умр етмайди…

Энди саволингизга келсак, Совет давридаги тарихий асарларда “сарт” калимасида икки маъно бўлгани ёзиларди. Масалан, “Ўзбек тилининг изоҳли луғати”да шундай дейилади:

“САРТ(санскрипт)тарихий.

1.Кўчманчиликдан ўтроқ ҳолга ўтиб, қабила, уруғчилик муносабатларига барҳам берган ўзбекларнинг айрим қисмига революциядан олдин берилган ном.

2.Революциядан илгари ҳозирги Ўзбекистон территориясидаги маҳаллий халққа европаликлар томонидан берилган ном.”

Расмий-илмий қараш шундай эди. Ҳатто Ўзбекистонга ном бериш жараёнида “Сартия” номи ҳам қаттиқ муҳокама этилган ва оз қолсин шунга қарор ҳам бермоқчи бўлишган.

Халқ орасида шаҳарликлар ўзларини юксак мавқеда кўриб, “ўзбек”, қишлоқликларни эса камситиб “ўзбак” дейишса, қишлоқликлар шаҳарларда яшаганларга паст назар билан қараб “сарт” дейишган.

Худди шундай қозоқлар ҳам ўзбекларга нисбатан “сарт” калимасини ишлатишганда ана шундай мақсадни кўзлашган. Лекин бу маҳаллий доирада бўлиб сиёсий майдонга чиқмаган.

Совет давридан олдинги манбаларда ҳам “сарт” калимаси кўп учрайди. Масалан, Ҳерман Вамберининг ‘Туркий халқ” деган асарида сартлар алоҳида бир халқ сифатида тасвирланади. Улар туркий тилда гапирадиган орийлар эканлиги айтилиб, ўзбеклар билан тили бир бўлишига қарамасдан бир-биридан узоқ туриши зикр этилади.

“Ўзбеклар сарт деганда айёр, ишончсиз одамни тушунгандай уларга паст назар билан қарашади. Ўзбеклар сартлар билан камдан кам қариндош бўлади…

Сарт деган ном 800 йилдан бери мавжуд. Сартлар бошқа миллат сифатида тожиклардан фарқ қилади, шунинг учун ҳеч шубҳасиз айтиш мумкинки, сартлар ўтган минг йиллардаёқ туркий тилда гапираётган ва турклар билан аралашган ҳолда мавжуд бўлишган… сартларнинг жуғрофий тарқалиши: қадимий Фарғона ва Ўрта Ёқсартда зич бўлиб яшаган…(“Ўзбегим”, 1992, Тошкент, олмончадан Турдибой Шодмонов таржимаси).

Заки Валидий “Ўзбек уруғлари” ҳақида ёзар экан, унинг 92 та айри номланган бови (қабиласи) бўлган дейди.

Тарихнинг ичига қараб кетаверсангиз, уммонда бўғилган каби нафас ололмай қоласиз. Бўғилмасликнинг йўли эса тарихдан тўғри хулоса чиқаришдир. Акс ҳолда майдалашиб, ўзингизни майда уруғнинг мансуби сифатида кўриб, бўғилиб қоласиз. Афсуски, ҳали тўғри хулоса чиқариш даражасига етилмади, шу боис ҳам оддий баҳслар охири ёқавайронликка боради.

Балки шундан бўлса керак, икки ўзбек учрашиб қолса, ёки бир даврада ўтириб қолишса, асосий вақтни кимнинг қаердан, қайси қишлоқ, қайси уруғдан эканлигини суриштириш учун сарфлашади. Охирида кимдир сарт, кимдир анди, кимдир қора қирғиз, кимдир эроний, кимдир найман, арғин, минг, юз, қирг, унгажит, қипчоқ, буслоқ, чурчут, олчин, манғит… ва ҳоказо ва ҳоказо бир-бирига рақиб бўлиб чиқади.

Шу боисдан ҳам туркнинг орасида бирлик йўқ.

Шу боисдан ҳам Каримов, Назарбоев, Ниёзов кабилар осонгина бу одамларни бир-бирига дишман қилиб қўйишмоқда.

Қачонки ана шу “майда-чуйдаликдан” қутулиб, буюк турклик ҳис қилинса ва мен турк деган калимадан ифтихор қилинадиган бўлинса, ўшандагина бу халқлар катта миллатга айланади ва бу миллатнинг қуёши порлайди.

2005.

Ҳали Ўзбекистон рўйхатда йўқ

САВОЛ: Қаердадир “Танлов” деган ёшлар ташкилоти борлиги ҳақида ўқиб қолдим. Лекин Ўзбекистон ёшларининг кўпчилик қисми бу ташкилотнинг номини ҳам эшитмаган бўлса керак. Бу ташкилотнинг тузилиши революция экспортининг 1-муваффаққиятсиз қадамими? Бундан кейинги ҳаракатлар қандай бўлиши ҳақида фикрларингизни ўртоқлашсангиз.(Баҳром).

ЖАВОБ: Узр, бундай ташкилот ҳақида менда ҳам батафсил маълумот йўқ.

Революция экспорти рўйхатларида эса Ўзбекистон бўлмаса ҳам керак. Чунки оддийгина одам ҳам бу мамлакатда ҳар қандай уриниш куч билан бостирилишини ва бегуноҳ одамлар қонга бўялишини яхши тассаввур қила олади.

Илгари ҳам бу ҳақда ёзиб, тинч йўл билан бўладиган инқилоб учун фақат Қирғизистонда қисман замин борлигини таъкидлагандим.

2005.

У билгувчидир!

САВОЛ: Цунамидан кейин Индонезияда, жумладан Аҳехда мачитлар бузилмай қолганини “Худонинг мўжизаси” деб ёзишмоқда. Нега Худо одамларни эмас, жонсиз мачитларни асради экан? Нима деб ўйлайсиз? (Носирхон)

ЖАВОБ: Буни ҳайит куни берилган шайтоний савол деб жавоб қилмасам ҳам бўларди. Лекин қачонгача шайтоний саволлардан қочиш мумкин?

Биласизми, Худонинг ишларини бандаси тушуна олмайди, тахмин ҳам қила олмайди. Бунга ҳатто пайғамбарлар ҳам қодир бўлмаганлар. Шу боис қайси нарса мўъжиза ва қайси бири мўъжиза эмаслигини ҳам айтиш қийин. Сизу менга мўъжиза бўлиб туюлган нарса лабораторияда ўтирган бир олимга оддий ҳол бўлиб туюлиши ҳам мумкин.

Сиз айтган мавзу ҳам дунё матбуотида, жумладан АҚШ матбуотида ҳам кўп ёритилди ва худди сиз берган саволнинг туғилишига сабаб бўлди.

Қаердадир “Фақат мачитлар омон қолди” дейилган ва телевидениеларда кўрсатилган бўлса, қаердадир бузилмай қолган черков намойиш этилди, ҳатто черковда ўйинчоқларига қадар сув тегмаган безатилган арчани кўрсатиб, “Бу Худонинг мўъжизаси”, дейишди.

Шундан кейин баъзи одамлар очиқдан-очиқ сиз каби “Нега Худо бегуноҳ болаларни, оналарни эмас-да биноларни қутқазди?” дея савол бера бошладилар. Агар бу шайтоний савол бўлса, демак мавзу шайтонга қўл келиб қолган. Бу эса мазкур хабарларни диний томонга йўйган одамларнинг билиб-билмай қилиб қўйган “хизмат”лари.

Бузилмай қолган мачитлар ёки черковни тепадан, вертолетдан туриб олинган ҳикоясини томоша қилган бошқа ва ёнига бориб масалани идрок қилган бошқа.

“Чунки бу бинолар асосан айлана устунлар устидадир ва ичкари кенглик, ташқаридан келган сувнинг иккинчи томондан чиқиб кетиши қулай бўлгани боис қаршилик кучи синади. Замонавий дунёда сувнинг қаршилигини синдириш учун “айлана” қоидасидан фойдаланилади” деди бузилмай қолган бинолар ёнига борган бир олим.

У миноралар бузилмай қолишида ҳам шу нарса рол ўйнаган бўлиши  мумкинлигини, шунингдек, ибодатгоҳлар кўпчилик кириб-чиқадиган жой бўлгани учун анча мустаҳкам қурилганини ҳам айтди. Далил эса кўплаб кичик ибодатгоҳларни сув олиб кетгани ва фақат бир нечта йириклари қолгани экан. Бунга жавобан, “Худо энди фақат катта ибодатгоҳлар истамоқда” дейишди. Ҳатто “Одам қолмаган бўлса бу биноларда руҳлар ибодат қиладими?” деганлар ҳам бўлди.

Шу даражага борилди-ки, “Худо бу билан одамзотни жазолади”, деб ёзишди ҳам. Бунга жавобан эса “Жазоласа нега энди камбағал бечораларни танлади?” деган савол  берилди.

Айримлар эса АҚШда об-ҳавонинг бузилиб кетгани оқибатида юз берган табиий офатларга ишора қилиб, “Мана энди Худо АҚШни жазоламоқда” дейишди. Лекин АҚШда юз берган ўнлаб табиий офатларда бармоқ билан санарли даражада оз киши ҳалок бўлди. Шундай нарса бошқа жойларда юз берганда билмадим, натижаси қандай бўларди?

“Ҳаммаси Худодан, истаса сув билан ювиб кетади, истаса асраб қолади” деб ҳеч нарса қилмай турадиган одам оқиб кетиши ва  бирор нарсага осилиб жонини қутқазишга интилган киши омон қолиши мумкин, деган фалсафа ҳам мавжуд. Хуллас, булар ҳам гап. Элнинг оғзини боғлаб бўладими?!

Нима бўлганини (баъзи олимлар ҳам билар) ва нима бўлишини Тангрининг ўзи билади. У билгувчидир!

Саргузашт ва саргўзашт

САВОЛ: Сиз номланишида хатога йўл қўйилганини айтганингиздан кейин Шерзод Рўзметовнинг “Йигитлик сарг(ў)заштлари” веб-кундалик саҳифаси номи “Йигитлик сарг(у)заштлари” деб тузатилди. Аммо муаллиф бу аслида хато эмас, форсчада тўғри деб ёзган. Шундай экан, тузатишга нима ҳожат бор эди? (Аслида бу саволим сизга эмас, унга) Сизга эса саволим қуйидагича: умуман ўзбек тилида мана шундай хато кириб қолган сўзларни тузатиб борган яхши эмасми, нега бунга қаршилик қилгансиз? (Маъруфжон).

ЖАВОБ: Ал-қисса:

Хатони тан олмаган эр, эрмас,

Хатони тан олмоқ осон эрмас…

Албатта хатолар тузатиб борилгани яхши. Лекин ҳар қандай сўзнинг этимологиясига назар ташлаганда бир тилдан иккинчи тилга ўтишида нима учун ўзгаришга юз тутганини ўрганмасангиз яна ҳам катта хатога йўл қўйган бўласиз.

Масалан,  “саргузашт”  билан бўлгани каби.

Ҳақиқатан ҳам мен Шерзод Рўзметовга қуйидаги мактубни ёздим:

”Саломлар…

Саҳифангизда тил ҳақида яхши мулоҳазалар мавжуд. Энди унинг номидаги “ў” ҳарфини “у” қилиб тузатсангиз, нур устига аъло нур бўлади. Чунки “Йигитлик саргўзаштлари” эмас, балки “Йигитлик саргузаштлари” ёзилса, тил нуқтаи назаридан тўғри бўлади.

Бунга веб саҳифа муаллифининг жавоби:

“Раҳмат!

Ўзбек тилидаги имлосида шубҳам бўлгани учун форс тилидаги талаффузига суянгандим. Шу кунларда тузатаман!”

Шундан кейин у яна саҳифасида қуйидагини эълон қилди:

“Саргузашт”ми ёки “саргўзашт”?

Ал-қисса: саргузашт = сар + гўзаштан

Ушбу мақола ёзилиш арафасида саҳифамнинг номи “Йигитлик саргўзаштлари” эди. Ўқувчиларимдан бири “саргўзашт” сўзининг имлосида хато қилганимни айтиб ўтди.

Ўзбек тилининг имло луғатида бу сўз “саргузашт” шаклида ёзилган бўлиши мумкин ва бу қоидани ҳурмат қилишимиз шарт! Тарихан эса “саргузашт” сўзи Форс тилидаги “сар” ва “гўзашт” сўзларидан олинган. Худди шу боғлиқлик мени янглиштирди.

“Сар” сўзи ўзбек тилига “бош”, “калла” тарзида таржима қилинади. “Гўзашт” эса форс тилидаги “гўзаштан” феълининг ўтган замон шакли бўлиб, Ўзбек тилидаги “ўтмоқ”, “кечмоқ” феълларига маъно жиҳатдан яқиндир. Демак “саргузашт” сўзининг асл тарихий маъноси “бошдан кечирилган”, “бошидан ўтган” деганидир.

Тилининг ҳар бир сўзи кўҳна тарихдан ҳикоя қилувчи миллат кўҳна миллатдир. Уни тубанликда кўриш ичимни ўртайди, қонимни қайнатади”.

Яхши гаплар… фақат лекини бор.

Маълумки, форс тилидаги баъзи сўзлар истилолар пайтида, давлат ишлари шу тилда олиб борилган пайтларда ва баъзилари тожик тили орқали кириб келган.

Умуман тиллар бир-биридан, айниқса, қўшниларнинг тилидан, ўзлаштирилган тартибда ёки айнан кўчирма олган ҳолда бойиб боради ва бунга тилшуносликда табиий ҳол деб қаралади.

Бунинг олдини олиш мумкин эмас, чунки оғзаки тил адабий тилдан олдин юради ва халқ ишлатган сўзлар барибир ёзма тилга ҳам кўчади.

Шу сабаб сўзлар олдин оғзаки сўзлашувдан ва сўнгра адабий тилдан ўрин топиши анъанавий ривожланув йўли ҳисобланган. Жумладан, туркий калималар ҳам форс ва араб тилларига кириб борган. Ҳатто рус тилининг қарийб қирқ фойизини ана шу тиллардан олинган сўзлар ташкил этади.

Шундан келиб чиқсак, юқорида баҳс боиси бўлган сўзнинг ўзбек тилидаги ёзилишига нисбатан она тилини биладиган одамда ҳеч қандай шубҳа туғилмаслиги зарур. Чунки мазкур сўз тожик тилида “саргузашт” шаклида ёзилади. Бунга бир қанча далил бор.(Қаранг: “Фарҳанги забони тожики”; Москва, 1969, 278-бет, “Таджикско-русский словар”; Москва, 1954 йил, 106-бет, “Tajiк-English dictionary”; Star Publication , 2000-йил, 55-бет ва ҳоказо).

Агар юқоридаги сўз форс тилида “саргўзашт” деб ёзилган тақдирда ҳам тожик тилида “саргузашт” деб олган бўлардилар. Чунки уларда “гўз” сўзи орқадан газ чиқариш маъносини бергани ва тожик тилида оғзаки талаффузда “т” ҳарфи тушиб қолгани сабаб “саргўзаш(т)” “Бош ўсироғи” (узр, таҳлил нуқтаи назаридан бу калимани ишлатишга мажбурман-ЖМ) маъносига тўғри келиб қолган бўларди. Бу сўзнинг форсчада ёзилиши “гоз”, лекин тожик тилида “гоз” ток қайчи маъносини беради. Ана шундай омиллар ҳам баъзан сўзларни ўзгартириб ўзлаштиришга олиб келади.

Ана энди муаллифнинг форс тилида тўғри-ю лекин “Ўзбек тилининг имло луғати”да шундай бўлиши мумкин” деган киноясига келсак, шуни таъкидламоқ лозимки, бу калима қандай ёзилишига юз фоиз амин бўлганим учун “Ўзбек тилининг имло луғати”га қараганим ҳам йўқ. Бу кенг муомалада ва ҳар қандай ўзбек билиши керак бўлган сўзлардан бири. Чунки саргузашт асарларини ўқимаган болани топиш мушкул. Шерзод Рўзметов тез-тез мурожаат қилиб турадиган Навоий ҳазратлари ҳам бу калимани “саргузашт” деб ишлатганлар. (Қаранг: Навоий асарлари луғати, Тошкент, Ғафур Ғулом нашриёти,1972, 548-бет).

Лекин форс тилидан анчагина хабардор бўлганим билан барибир хато қилмаслик учун билганимни манбалардан текшириб чиқдим. Форс тилида ёзилиш шакли “гозашт” бўлиб, баъзи минтақаларда ёзилгани каби талаффуз қилинса-да аксарият Эронда “гузашт” дейилади. (Қаранг: “Persian-English dictionary”,  Теҳрон, 2002, 771 бет.)

Бунга қўшимча равишда яна шуни айтиш мумкин-ки, буз сўз қўшни Афғонистонда кенг қўлланилган дари тилида ҳам “гузашт” шаклида ёзилиб, худди шу шаклда талаффуз қилинади. (Қаранг: “Dari-English”, Nebraska,1993, 604 бет.)

Илмий ишларимнинг кейинги беш йилдаги қисми тилшуносликнинг лексикорафия жабҳасидан иборат бўлгани учун сўзларнинг этимологияси устида кўп бош қотиришимга тўғри келади.

“Йигитлик саргузаштлари” веб саҳифасида яхши  мулоҳазалар билан бирга анчагина янглиш талқинлар ҳам мавжуд. Баъзиларига компютерга киритишда йўл қўйилган хатолар дея кўз юмишга мажбурмиз. Бундай хатолар каминанинг саҳифсида ҳам ошиб-тошиб ётган бўлиши мумкин.

Лекин гап веб саҳифанинг номидан келиб чиққани ва бу хато доим жиғимга теккани учун икки энлик хат ёзгандим.

Аслида муаллифнинг уринишлари мақтовга лойиқ ва бундай интилишларни қўлламоқ керак. Чунки шундай уринишлардан ҳақиқат майдонга келади ва янглишлар тузатилади.

Сўзлар этимологияси ҳақида сўз юритганда “Минг эшитгандан бир кўрган афзал” иборасига асосланиб, масалага бироз илмийроқ ёндашилса, қиссадан ҳиссани “ҳандалак”она чиқармасдан, Шерзод айтмоқчи бўлганидек, тилимизни тубанликдан қутқазиш ва ичимиз ёниб юрмаслиги учун замин яратилади.

Акс тақдирда 1990 йилларда лотин тилидан олинган ва  халқаро муомалага кирган жуда кўп калималарни “русча” дея арабча ёки форсча сўзлар, янглиш маъно юкланган иборалар билан алмаштирилгани каби нафақат кулгили, балки илмий-сиёсий хатоларга ҳам етиб бориш ҳеч гап эмас.

2005.

Асп” бор экан…

САВОЛ: Ўзбекистон Исломий Ҳаракати раҳбари Тоҳир Йўлдошевнинг АҚШ Марказий Разведка ходими билан учрашгани ҳақида Интернетда мақолалар чиқди, шундай ҳол юз бериши мумкинми?(Юсуф).

ЖАВОБ: Бундай нарсаларга ишонмайман. Булар АҚШни Ҳолливуд (Hollywооd) филмларидаги каби тасаввур қилганларнинг тўқималари бўлиши мумкин. Аслида эса бугун бундай ҳол юз бериши учун ҳеч қандай имкон ҳам эҳтиёж ҳам йўқ.

Биринчидан, ЎИҲ АҚШ Давлат департаментининг террористлар рўйхатига киритилган ва ҳозир  республикачилар ҳамда демократлар орасида жиддий тортишувлар мавжуд бир пайтда шундай воқеа юз берса, бу жуда катта шов-шувга айланиб кетарди.

Иккинчидан, Марказий Разведка бошқармаси раҳбарлари алмаштирилди ва конгресс бу идорани жиддий равишда элакдан ўтказмоқда, назоратда ушлаб турибди. Шундай пайтда МРБнинг бундай қалтис ўйинларга киришини ҳеч ким тасаввур қила олмайди.

Учинчидан, АҚШнинг бунга ҳеч қандай эҳтиёжи йўқ. Айтганини Каримов каби “асп”лар “лаббай”деб бажариб турган бир пайтда шахмат тахтасидан олиб ташланган “пиёда”лар билан иш кўрармиди?! 2005.

Қўрқув зеҳнияти

САВОЛ: Қўрқоқлик зеҳниятдаги нарса, деб кўп ёзасиз, ташқаридан туриб ёзиш, шундай хулоса қилиш осон, лекин ичкаридаги вазият бу нарса зеҳният билан эмас, балки шароит билан боғлиқлигини кўрсатади? Бу ҳақда ўйлаб кўрмаганмисиз? (Аброр)

ЖАВОБ: Қўрқоқлик зеҳнияти ҳақида илгари ёзган гапларимни такрорлаб ўтирмасдан, шуни айтмоқчиманки, ташқарида бўласизми, ичкарида бўласизми агар зеҳниятингизда қўрқоқлик бўлса, тиззангиз қалтирайверади, ҳамма нарсага шубҳаланасиз, жасоратга яқин бора олмайсиз.

Битта мисол. Узоқ йил Каримовга чин дилдан хизмат қилиб, охири умидлари саробга айланган бир киши Америкадан бошпана олибди. Ажаб?! У менга почта орқали юборган асарида Каримовни оз қолсин пайғамбар даражасига етказиб қўйганди. Шу боис ундан узоқ турдим. Аммо у тез-тез телефон қилар ва менинг ёзганларимдан орфографик камчиликлар топганини, айни пайтда ўқиб кўзи очилганини, саройдаги ўйинлардан воқиф бўлиб, ухлай олмаётганини такрор ва такрор айтар эди. Кейин-кейин у мени пассивликда айблай бошлади, “Нимадир қилиш керак?”, “Бу зулмга қачонгача чидаш мумкин?”, “Умрингизни шундай ўтказиб юборасизми, фаолроқ ҳаракат қилмайсизми?”, “Ватанни қутқазиш зарур! Бу ишни биз қилмасак, ким қилади?” каби дашномларни ундан тез-тез эшитиб турдим.

Аввалига унга виждоним буюрган гапни Ватанда ҳам, ташқарида ҳам айтишдан бир зум тўхтамаганимни, Каримов бўладими, Эшмат ёки Тошмат бўладими, қаршисида қалтираб, қуллуқ қилмасдан юрагимдаги гапни очиқ айтиб келаётганимни тушунтиришга уриндим. Бу унинг учун кам эди.

“Туронзамин” журналини ташкил қилиш арафасида унга фахрий таҳририят аъзолигини таклиф қилдим. Шу куниёқ ундан электрон мактуб келди ва журналда Каримов номини ишлатмаслик, фақат “режим” деган гап бўлиши кераклиги, одамлар менинг Каримовда шахсий алами бор, дейишаётгани ҳақида узундан-узоқ панд  насиҳат берганди.

Унинг фахрий таҳририят аъзолари рўйхатида номи туришдан ваҳимага тушганини сездим ва қўшмадим. У яна эскиси каби мени жасоратга чақира бошлади. Шунда унга бир электрон мактуб йўллаб, ўзи истаган мавзуда, фақат режимни фош қиладиган, демократияга хизмат қиладиган бир мақола ёзиб беришни ҳамда истаса буни бир тахаллус остида эълон қилиш мумкинлигини айтдим.

Биласизми, жавоб нима бўлди, “Онам ўша ерда, бу йил ҳам  ўтган йилдаги каби онамни кўришга боришим керак!…”

У ердагилар кимнинг қандай ёзишини услубига қараб билиб оладилар, деган ваҳима бор эди унинг ичида. Ватанда туриб Каримов ҳақида ёзиб, ўз исмини очиқ айтаётганлар қўрқмаса-ю, АҚШдан бошпана олган бу одамнинг баҳонасини (шароит!) қаранг!

Мана қўрқоқлик зеҳнияти. Унинг исмини ёзмадим, ёзмайман ҳам. Юраги хуружлаб, бир кор-ҳол юз бериши ҳеч гап эмас. Воқеани батафсил баён қилганимнинг ўзидан ҳам у қўрқиб кетиши мумкин. Узр сўрайман. Акс тақдирда қўрқоқлик зеҳниятини кўрсатиш қийин бўларди.

Менимча қўрқоқлик бундай одамларнинг генида бор. Йўқ, қўрқоқлик ота-бободан ўтадиган ирсий касаллик десам бундай одамларни оқлаб  қўйган бўламанми деб ҳам ўйлайман.

Исмини бошқа қўйиб, адресини бошқа қўйиб, бошқалардан жасорат талаб қиладиганлар кўп.

Улардан ҳам ранжимайман. Чунки бу уларнинг қўлида эмас, бу уларнинг зеҳниятида.

Қўрқувни енгиб, ўз зеҳниятини бошқара олиш  ҳаммага ҳам насиб этавермайди.

Ўз зеҳниятига соҳиб чиққанлар эса ватанда бўладими, ташқарида бўладими виждонлари буюрганини бировларга буюрмасдан ўзлари бажарадилар.

2005.

Ишончни йўқотган одам

САВОЛ: Гуржистон ва Украинадаги каби Ўзбекистонда ҳам инқилоб қиламиз деб жар солаётган Муҳаммад Солиҳга халқ эргашмаётганига қандай сабаб бўлиши мумкин. (Зафар).

ЖАВОБ: Бу мавзуда илгари батафсил ёзган эдим. Халқда ҳам, мухолифларда ҳам унга ишонч йўқ.

Қолаверса, Ўзбекистонда Гуржистон ёки Украинадаги каби ҳол юз бермаслиги сабабини кўра олмаслик сиёсий ожизликдир.

Яна шуни қўшимча қилиш мумкинки, Гуржистон ва Украинадаги каби вазият Ўзбекистонда 1991 йилда ва 1992 йилда юзага келганди.

1991 йилда 7-сессияда Каримовни кетказиб, ўрнига Мирсаидовни олиб келиш режаланганда  ҳуқуқ-тартибот идоралари ходимлари орасидан ҳам қўшилганлар кўп бўлган. Аммо Каримов бир кун олдин кечки зиёфатда Мирсаидов ва Муҳаммад Солиҳни қўлга ола билганди.

Мирсаидов сессияда “Менга мансаб керак эмас” деса, Муҳаммад Солиҳ эса бизни танқид қилиб чиққанди.

Кейин 1992 йил 2 июлда иш бошлаган сессияда Каримовнинг нутқини индамай ўтказган ҳолда, унга ёмон кўриниб қолган Олий Мажлис раиси Шавкат Йўлдошевни четлаштириб, ўрнига қўйиладиган янги раис орқали янгитдан сайлов белгилашни менинг уйимда тўпланиб, келишиб олгандик. Тўпланган депутатлар орасида Муҳаммад Солиҳ ҳам бор эди. У 2 июлга белгиланган митингларни бизга номаълум бўлган сабаблар билан қолдиргани бир томон, келишувни бузган ҳолда сессияда Каримовга савол бермоқчи  бўлди ва бундан фойдаланган Йўлдошевнинг “Салай Мадаминов ўрнингизда ўтиринг” деган гапига жаҳл қилиб, истеъфо бериб юборди. Бу билан барча режаларни пучга чиқарган эди.

Унга эргашишмаётганининг жуда кўп сабабларидан бири ана шу деб ўйлайман. Лекин кутиб туринг, кўрасиз, гарчи ишончни йўқотган киши иштонни йўқотган киши ҳолида бўлсада,  бу одам ҳали одамларни кўп лақиллатади.

2005.

Мушкуллик

САВОЛ: Лондондан қайтиб келиб, тушкунликка тушиб қолгандайман. Чунки мен “Ватан”га қайтиб келганимдан пушаймон чекмоқдаман. Менга маслаҳатингиз керак. Интернетда асарларингизни очиш қийин бўлиб бормоқда. Сизнинг китобларингизни Ўзбекистондан топишнинг иложи борми? (Равшан).

ЖАВОБ: Йўқ, китобларимни Ўзбекистондан топа олмайсиз.

Ҳа, Интернет орқали ўқишингиз ҳам қийинлашиб қолмоқда. Чунки борган сайин Ўзбекистон ҳукумати сайтларни очишни мушкуллаштирмоқда. Шунга қарамай, айланиб ўтадиган серверлар орқали очишингиз мумкин ёки қидирув саҳифаларига ўзбекча сўзлар, исмлар ёзиш орқали ҳам кўп нарса топишингиз мумкин.

2005.

АҚШнинг хатолари…

САВОЛ:  Нега АҚШнинг ҳозирги кунда қилаётган хатолари  кўпайиб кетди?(Фаррух).

ЖАВОБ: АҚШ катта мамлакат ва қайси иши ютуқ ва қайси иши хато эканлигини ҳар куни конгресс муҳокама қилиб боради ҳамда матбуот ҳам ҳар куни фикрини билдиради.

Ҳатто қизиқчилар ҳам ҳар кунлигини ҳар кун масхара қилиб турадилар.

Илгари таъкидлаганимдек, бу очиқ жамият.

Қизиқ, биз Ўзбекистондаги аҳволни тўғри таҳлил қила олмаётган бир пайтда АҚШнинг хатоларини қандай кўраяпмиз?

2005.

Мамлакатни бошқариш

САВОЛ: Сайтингиздаги қизиқарли савол-жавобларни ўқиб, мен ҳам ўзимни қизиқтирган, бевосита Америкага ҳам алоқадор бўлган нарсани сўрамоқчи эдим. “Free Mason”лар ҳақида нимани биласиз? Улар ҳақида айтилаётган фикрларга қўшиласизми? Американи масонлар бошқаради, дейишади шу тўғрими?(Масуд).

ЖАВОБ: Бир пайтлар СССРни йиқитган ҳам масонлар, Горбачев ҳам масон, ҳатто ниқоб кийиб, уларнинг мажлисларида қатнашади, деб оддий одамлар эмас, машҳур рус ва белорус ёзувчилари иддао қилишганди.

Туркияда яшаганимда эса, матбуот ва ёзилган китоблардан шундай фикр келиб чиқардики, бу мамлакатни тузган ҳам, бугунга қадар бошқариб келган ҳам масонлар экан, деб ўйлаб қолардингиз. Туркияда масонларнинг “ложа”лари ёпиқ шаклда иш олиб борарди.

Америкага келганимдан кейин билдимки, бу ерда масонлар очиқ иш олиб борар ва ҳеч нарсани яширмас эканлар. Бу дунёни маърифат ва маданият асосида, бир бутун ҳолда кўришни истаган одамларнинг жамоаси экан ва энди хайрия фаолиятига эга бўлган бир жамият ҳолига тушиб қолибди.

Аммо илгари яширин жамият номини олган  ва турли миш-мишларга боис бўлган. Бугун турли қарашдагилар ёки турли соҳадагиларни бирлаштириб, лоббичилик ишларини олиб борадиган бундай гуруҳлар жуда кўп. Масалан, “Калла суяги” гуруҳини кучли ва Американи бошқара олади, деб ишонганлар ҳам йўқ эмас ва ҳатто бу ҳақда филм ҳам қилишган.

Демократия шароитида сиёсий партиялар мавжуд экан, бундан жамоаларнинг кучига эҳтиёж қолмайди.

Аммо худди уруш фахрийлари, овчилар, эрсиз хотинлар, ҳатто бесоқолбозларнинг жамиятлари бўлгани каби, турли қарашларга эга бўлганларнинг  ҳар хил гуруҳлари бўлиши мумкин. Улар мамлакатни бошқариш даражасига қадар кўтарила олмайдилар. У ҳолда сиёсий партияларга эҳтиёж қолмаган бўларди.

2005.

Геополитик воқеалар

САВОЛ: Айни пайтда Осиёда, хусусан Ироқ ва Фаластинда қирғинбарот урушлар бўлаётгани, Марказий Осиё ва Афғонистонда уруш таҳликаси, Қозоғистон ва Туркманистоннинг Ўзбекистон билан ҳудудий масалада мушт тираб туришгани, эндигина эсдан чиқа бошлаган “совуқ уруш” алангаларининг Марказий Осиёда кўзга ташлана бошлагани, Хитойнинг Россия томонидан имтиёзлар эвазига қирувчи самолётлар билан қуроллантирилаётгани, қуролланиш пойгаси, Эрон ва АҚШ муносабатлари… булар  сизга нимани англатади? Наҳотки совуқ уруш бўлиши муаққақ ва бунинг олдини олишнинг иложи йўқ? Бу масалаларнинг умумий жиҳати борми ёки шунчаки тасодифми?(Йигит).

ЖАВОБ: Бундай геополитик ҳодисалар ҳамма вақт бўлган ва бўлади. Уларнинг олдинга бўртиб чиқиши информация жабҳасининг кенгайгани билан изоҳланиши мумкин. Агар Ўзбекистонда бўлсангиз буларнинг кўпидан бехабар ўтирар эдингиз. Аммо четда бўлсангиз ёки мамлакатда бўлиб Интернетга ҳар куни кира олиш имтиёзингиз бўлса, табиийки бундай воқеалар қаршисида ўйланиб қоласиз.

Бир пайтлар катта-катта мамлакатлар сув остида қолиб кетганда ва урушлар халқларнинг тинкасини қуритиб юборганда дунёнинг ярмидан кўпи бундан бехабар бўлган.

Бугун эса қаердадир қизи онасини хизматкор қилиб ишлатгани ҳақидаги хабарни ўқиб, бир мулла ана дунёнинг охири келди, қиёматга яқин қолди, деб ваъз айтганини ҳам эшитганлар бор…

Беъмани ва асоссиз

САВОЛ: Эшитишимча ғойибий, “машҳур”, “тилларда достон сиёсатчи” Усмон Ҳақназаров таниқли ўзбек журналисти Исмат Хушевмиш, аниқроғи, Исмат Хушев  “Мен Усмон Ҳақназаров тахаллуси билан И.А. Каримов кирдикорларини фош қилдим” дея сиёсий бошпана олганмиш. Шу ҳақда бирор маълумотга эгамисиз?(Ўзбек).

ЖАВОБ: Йўқ, бирор маълумотга эга эмасман. Шу боис ҳам хатингизни Исмат Хушевга юборган эдим ва унинг жавоби қуйидагича бўлди: “Бунақанги бемаъни ва асоссиз саволлар жавоб беришга арзимайди.”

Аммо мен ҳар қандай саволларга жавоб бераман, деб ваъда қилганим боис саволингизни эътиборсиз қолдирмадим. Юқоридагиларга шуни қўшимча қила олишим мумкинки, АҚШдаги судларда таржимон бўлиб қатнашган бир танишимнинг айтишига кўра, “Усмон Ҳақназаровлар кўпайиб кетди”.

Аслида “Ҳақназаров”ларнинг даъвосига ишонганлар ҳам анқов. Чунки Усмон Ҳақназаров имзоси остида Каримов фош қилинган эмас, балки унга хизмат кўрсатилганди. Бу ҳақда анчагина ёзган ҳам эдик.

2005.

Ойни этак билан ёпиб бўлмайди

САВОЛ: Мухолифат лидерларини жуда кўп одамларга сиёсий бошпана олишда уларга тавсиянома ёзиб берган деб айтишади, бу бизнеснинг “раҳмати” қанча туради? Сиз ҳам уларнинг ичида бормисиз?(Мақсуд).

ЖАВОБ: Кимларга тавсиянома ёзиб берганимни АҚШ муҳожират идораси орқали текширтиришингиз мумкин. Зотан “дўстлар”дан бири устимдан ёзган юмалоқ хатлардан кейин расман текшириб ҳам чиқишган бўлишса керак.

Ўз ташаббусим билан бировга тавсиянома ёзганим йўқ. Фақат ишлари судда бўлганда, ёки бошпана олишаётганда илтимос билан мурожаат қилишгани боис, Хайрулла Исматуллаев, Авазхон Мухторов, Ҳалима Усмонова, Навбаҳор Имомовага ёзиб берганман. Бу қадар.

Шунда ҳам уларнинг шахси ҳақида эмас, балки Ўзбекистондаги режимнинг ҳар қандай одамга таҳликаси ҳақида ёзганман. Бу уларга фойда берганми йўқми, буни билмайман. Улардан раҳмат кутганим йўқ. Зотан улар билан ҳеч қандай алоқада ҳам эмасман.

Мухолифат номидан унга ҳам, бунга ҳам “мухолифатчи” дея тавсиянома ёзиб, “иш” кўриб юрганлар ҳақида кўп эшитганман. Лекин қулоқ билан эшитган гапга эмас, қўл билан ушлаган нарсага ишониш керак. Ойни этак билан ёпиб бўлмайди. Агар шундай гаплар рост бўлса, бир кун ундан ҳам хабардор бўлиб қолармиз.

2005

Эски савол

САВОЛ: Мен бугун сайтингиз ҳақида бир бошқа сайтдан маълумот олиб, қизиқиб кириб қолдим. Эътиборимни анча нарсалар тортди. Ўзингизга маълумки, Ўзбекистонда бундай сайтларга бан қўйилган.  Бундан олдин бир- икки мухолиф партиялар ва ҳаракатларнинг ҳам саҳифасини кузатган эдим.

Аммо очиқ тан олиш керакки, мени кўнглим тўлмади. Ўзбекистондан АҚШга яқинда келганимни ҳисобга олсак, бу системани тамомила синдиришга арзийдиган кучлар  бор, деб ишонган эдим. Аммо, билмадим… Менга сезилдики, ҳали даражага чиқмаган.

Энди саволимга келсак, сиз нима деб ўйлайсиз, бизни оппозиция етилди деб ҳисоблайсизми? Бошқача айтганда, шу бугунги оппозиция амалдаги ҳукуматни ўрнини эгаллашга ҳақлимикин? (Ҳикмат).

ЖАВОБ: Хуш келибсиз, АҚШга ва ҳамда менинг саҳифамга. Тошкент ҳукумати веб саҳифага бан қўйгани боис ҳозир ватандаги ўқувчиларга янги нарсаларни электрон почта орқали юборишни йўлга қўйганмиз. Келгусида улар китобларни ҳам олишлари мумкин.

Энди бевосита сўровингизга келсак, агар савол-жавобларнинг  биринчи китобга жамлангани ва шу ердагиларини кўриб чиқишга вақт топа олсангиз тўла жавоб топасиз.

Ҳар каллада ҳар хаёл

САВОЛ: Дин ҳукмрон бўлган шароитда демократия ривожланадими ёки демократия шароитида динга кенг ўрин бериладими?(Собит).

ЖАВОБ: Баъзи уламоларнинг умумий гапларига қулоқ солсангиз дин ҳукмрон бўлганда ҳамма ҳақлар устивор бўлади, дейдилар ва бу демократиядан ҳам афзал эканлигини айтадилар. Бугунга қадар бу хаёл тарзида қолмоқда ва амалга кўчишини ҳам Худо билади.

Мавжуд ҳаётга қарасангиз мамлакатни дин асосида юритаяпмиз, деб иддао қилган барча давлатларда яккаҳокимлик, диктатура, зулм ҳукмрон. Масалан, Саудия Арабистони ва умуман жуда кўп Яқин Шарқ ўлкалари. Албатта, ўзини демократик тузум деб атаган баъзи давлатларда ҳам шундай ҳолни кўриш мумкин. Масалан, Ўзбекистон, Белорус, Туркманистон ва ҳоказо.

Бир қатор диндорлар эса ҳақиқий диний эркинликни, эркин ибодат қилишни ва бу борада ўйлаганларини қўрқмай айта олишни демократик давлатлардагина топганларини ёки кўриш мумкинлигини айтадилар.

Хуллас, бу борада ҳар каллада ҳар хаёл.

Аммо мавжуд тузумлар орасида инсонга энг мақбули демократик тузум эканлигини ҳеч ким инкор эта олмайди.

2005

Мақтовга ошиқмиз

САВОЛ: Яқинда собиқ бир ҳамкасбингиз сизни у ҳеч кимни мақтамайди, деб айтди. Нега шунда? (Шерзод).

ЖАВОБ: Мақтов энг ноёб неъматлардан бири бўлиши керак, деб биламан. Албатта, юракдан чиққан самимий мақтовни. Аммо мансабига қараб ёки кичик бир манфаат учун туғиладиган мақтовлар вужудига тушган қурт каби миллатни емиради.

Мақтовимни қозонганлар кўп. Бир неча мисол׃

БОЙМИРЗА ҲАЙИТ, саксоннинг манзилида, шол бўлиб, тўшакка михланиб қолганларига қарамай яқинда яна бир китоб чиқардилар. “Миллий Туркистон ҳуррият даъвоси” номида. Ҳозир эса хотираларини ёзмоқдалар. Кеча телефон қилганимда 700 саҳифа бўлди, дедилар. Қойил қолиш керак бундай жасоратга!

МЕРИТ ВАРНЕКИНГ, Орегонда бизга меҳрибон она бўлган ва     кетишимизда вокзалда ҳўнграб йиғлаб қолган, бизга Америка ва америкаликларни севдирган, саксонда ҳам сакраб юрган толмас ая.

ЭВРИЛ ТУРОН (Мамадали Маҳмудов), Советлар даврида мустақиллик дея очиқ ҳайқирган яккаю ягона адиб, мустақил Ўзбекистонинг зиндонбанд этилган арслон ўғли…

РАСИМ ЭКШИ, умрининг сўнгги кунларини Амир Темур мақбараси ёнида ўтказишни орзу қилган турк алпомиши, Темур билан жангда енгилган Йилдирим Боязиднинг эвараси.

НАЗИР РАЖАБОВ, Ўзбекистонга биринчи президент бўлиш учун туғилган, аммо Гдлян ва Каримовннг зулмига учраган улкан ташкилотчи ва беқиёс адолатсевар.

САМАНДАР ҚЎҚОНОВ, Каримовнинг юзига тик қараб, ўзбекнинг ажалисан, деган ва қарийб 15 йилдан бери қамоқда ётган буюк ирода соҳиби…

Ва яна қанчалар…

Лекин гапнинг индаллоси шуки, биз мақтовни севадиган, халқмиз. Хато қилдим. Бутун дунё аҳли-инсон зоти шундай бўлса керак. Ҳеч бўлмаганда шунга яқин. Фақат бизда танқидни душманлик деб билиб танқид қилган одамни асло кечира олмаслик жуда кучли.

2005.

Услубнинг сақланиши

САВОЛ: “Туронзамин” журналининг навбатдаги сонида  “Муаллифнинг ўзига хос ёзиш услуби сақлаб қолинди” дейилган. Муаллифлик ҳуқуқи ва унинг сақланиши ҳақида билардим, аммо услуб ва унинг сақланиши ёки паймол қилиниши (сақлаб қолинмаслиги) ҳақида эшитмаган эканман. Буни қандай изоҳлайсиз? (Ўзбек).

ЖАВОБ: У ерда муаллифнинг жумла қуриши, баъзи номларни кичик ҳарф билан ёзиши, нуқтадан кейин кичик ҳарф билан ёзиши ёки нуқта қўймай ёзиш каби услуб ҳамда бугун Ўзбекистонда расман қабул қилинган лотинча ёзув тарзида эмас, балки интернетда қўлланилаётган “қўлбола” лотинча билан ёзилгани каби ўзига хослик ҳақида гап борган.

Ҳақиқатдан ҳам бугун бир қатор ёзувчилар жумла битгандан кейин нуқта қўймай ёки нуқтадан кейин кичик ҳарф билан ёзган ҳолда, жойлар номини кичик ҳарфларда битиб, китоблар нашр этмоқдалар. Бу ҳам бир ёзув услуби сифатида қабул қилинмоқда. Журнал тайёрланиши жараёнида муаллиф ёзганларининг маъносига тегмасдан силлиқланиши ва расмий ёзув шаклига  туширилиши мумкин эди. Лекин асл ҳолида сақлашга қарор қилдик.

“Хатлар” саҳифасида ҳам муаллифларнинг турли шаклдаги услублари ва ҳатто хатоларига ҳам тегмаётганим шундан. Бу балки табиийликни таъминлар ва айни пайтда муаллифларнинг ўзбек тили ёзуви борасидаги билимлари даражасини ҳам кўрсатишда ўзига хос бир йўл бўлиши мумкин.

Қолаверса, 1970 йилларнинг охирида Ўзбекистон радиосида ишлаганимда бир куни ёзганларимни Ғайбулла Асадуллаев деган киши таҳрир қиладиган бўлиб қолди. У чизғични сатрлар устига қўйиб, тўғри чизиқ тортиб, ҳамма нарсани қайтадан ёзиб чиқди. Бу ғуруримга тегди. Жаҳлим чиқди ва ёзганларимни ҳамда унинг таҳриридан кейинги матнни кўтариб, каттароқ бошлиқ Ортиқали Тиловбердиев ёнига бордим. У Ғайбулла акани чақирди:

-Жумла қурилишлари тескари экан,-деди у.

Мен ҳар кимнинг ўз услуби бўлади, дея маҳкам туриб олдим ва бошлиқ асл матнимни кўриб, қўл қўйиб берди.

Шу воқеа дарс бўлган. Бошқаларнинг ҳам “мен”ини ҳурмат қилиш керак деб ҳисоблайман.

2005.

Шаҳриёрлар

САВОЛ: Сизнинг тил оламида кўпгина нарсалар ва кимсалар ва уларнинг тарихларини билишингизни биламан. Мен бир нарса ҳақида кўп тўхталиб қолдим. Бизнинг халқимизга маъқул бўлган Эронлик ёки Форсий давлатлардан чиққан фан арбоблари (олимлари), ва уларнинг ҳаёти ҳақида қисқа бўлса ҳам маълумот беролмайсизми?(Шамс).

ЖАВОБ: Сиз жавоби ҳатто бир китобга ҳам сиғмайдиган савол берибсиз. Менимча, фақат баъзи номларни эслашнинг ўзи кўп нарсани англатади. Абулқосим Фирдавсийдан Абдулло Рудакийга, Умар Хайёмдан Ҳофиз Шерозийга, Абдулла Ансорийдан Носир Хисравга, Камол ул Мулкдан Муҳаммад Шаҳриёрга қадар узанган йиллар занжирида яна қанча-қанча номлар борки, сизнинг саволингизга ўзларида ўнлаб китобларни мужассам этганлар.

Каминга келсак,  Эронда туркий тилда ёзиш у ёқда турсин туркийда сўзлашув қатағон қилинган бир пайтда бу тилнинг латофати ила дилларни забт этган буюк шоир Шаҳриёр улуғ аллома ҳисобланади. Туркнинг тили бу қадар латофатли, тоғлардан инган ирмоқлар садоси каби ёқимли, дилнинг вулқонини сатрларда байроқ қилгувчи исёнкор эканлигини исботлаган улуғ турк шоиридир у.

Бир вақтлар “ШАҲРИЁР” деган бир шеър ёзгандим:

Мани ҳур моний деманг,

Зиндон манимдур.

Мани эроний деманг,

Эрон манимдур.

Мани шоҳга тан деманг,

Туркон манимдур,

Мани беватан деманг,

Турон манимдур!

Эслатма ўрнида:

1.Моний-ўзини ҳур деган, идеалистик монизм фалсафаси тарафдори.

2.Туркон- турклар дегани, Туркон исми илгари машҳур бўлган. Амир Темурнинг хотинларидан бирининг исми ҳам Туркондир.

Ўзбекистонни қутқазаса бўлади

САВОЛ: Халқимизни сиз ҳам, мен ҳам яхши биламиз ва ҳозир Ўзбекистонда ҳукм сураётган вазиятни ҳам ҳар-бир ёш болагача яхши билади. Ҳар ким, ҳар нарса дейди, аммо Ўзбекистонда авж олган ўғирлик, порахўрлик, талончиликларга чек қўймай туриб, халқни аҳволини ўзгартириб бўлармикин?

Ўзбекистонда оддий милиция ходимидан тортиб, катта-катта амалдорларгача халқдан бирон нарса ундириш билан овора. Халқимиз ҳам ўрганиб қолган шекилли, агар сиз бирон жойда ишлайман, деб айтиб қолсангиз биринчи бериладиган “савол” “тушум борми?” бўлади. Шу аҳволда бу ифлосгарчиликларга чек қўйиб бўлади, деб ўйлайсизми? Халқ порага нашаванд бўлиб қолмадимикин?

Сиз мана шунча йил ҳар-хил мансабларда ишлаб келган инсонсиз, сиз ҳозир яна бирон курсини эгаллаб қолсангиз фаолиятингизни нимадан бошлайман, деб ўйлайсиз, айтайлик “бош вазир” даражасини эгалладингиз. Порахўрлик ҳукм сураётган тузумга қарши қандай курашган бўлардингиз? Менимча амалдорларнинг ҳаммасини қамоққа тиқиш тўғри йўл бўлмаса керак, деб ўйлайман, сиз нима қилиш керак, деб ўйлайсиз? Балки чет эл инвестициясини кўпроқ жалб қилиб, иш ўринлари яратиш йўли билан халқни социал аҳволини озроқ ўзгартириб, кейин курашиш керакдир “ифлосгарчиликка” қарши.

Ва ниҳоят, Сиз Ўзбекистонда ишлаган вақтингизда порахўрликни кўриб туриб кўз юмганмисиз, ёки сиз ҳам шу ишни қилишга мажбур бўлганмисиз? (Европалик Ўзбек).

ЖАВОБ: Дарҳақиқат, жамиятни демократик йўлга қўймай туриб, сиз айтган иллатларга қарши курашиш мушкул. Аввал айтганингиз каби  порахўрликнинг илдизини кесадиган замин яратмоқ керак.

Агар одамлар меҳнатларига яраша ҳақ олсалар, шароитлари эҳтиёжларини қондирса ва ўз инсоний қадрларини англасалар нега ўзларини камситиб пора бериб пора олсинлар?!

Қолаверса, бунга имкон берадиган туйнуклар қонун йўли билан бекитилиши ва энг аввало ҳуқуқ тартибот органларининг ўзи ҳалолликка ўргатилиши керак. Бунинг учун биринчи галда очиқ минбар, эркин матбуот зарур. Инсон фитрати аслан ёмонликка ёна эмас, балки яхшиликка ёнадир. Агар топгани ўзига етса у нима учун пора олиб, ҳаётини таҳликага қўйсин?!

Ўзбекистонда ишлаган йилларим 700дан зиёд танқидий мақола ва фельетонларим чиққан матбуотда. Доим бечоралардан, ғариблардан ёна бўлганман. Пулим ўзимга етарли бўлган. Тўрт беш жойга ёзиб турганим учун яхши қалам ҳақи олар эдим.

Каримов ва унинг малайлари кўп излашган, агар бир жойдан бир нарса топганларида “байроқ” қилишарди. Тополмаганлари учун ҳам туҳматдан бошқа чоралари қолмаган. Бу туҳматни Каримовнинг қўлидан ўзини мухолифатчиман деб юрган баъзи бўҳтончилар ҳам олдилар. Лекин туҳмат туҳматлигини кўрсатар экан, ўзлари шарманда бўлдилар.

Ўзини, виждонини порага сотадиганлардан устун бўлганим учун ҳам ўзимни бахтиёр деб биламан. Бир одам ўзлигини пулга сотишини тасаввур қила олмайман! Пора олганимда қачонлардир ўлиб кетган бўлардим, олмаганим учун ҳам тирик қолганман. Порани қайтарганим, менга ҳаётимни қайтарган.

Ўзбекистондан бирорта мансаб олиш иштиёқим йўқ. Буни ҳар доим очиқ айтиб келганман. Лекин Ўзбекистонни қутқазиш керак бўлса, бу масалада истаган пайт истаган одамга ёрдамга ҳозирман. Чунки ҳали ҳам Ўзбекистоннинг келажагини қутқазса бўлади деб ҳисоблайман.

2005.

Режимнинг қилмиши

САВОЛ: Кеча бир журналист домлам билан гаплашганимда у Чори Аваз деган одам ҳақида гапириб қолди, веб саҳифангизда у ҳақда маълумот беришингиз мумкинми? (Абдувоҳид).

ЖАВОБ: Худо раҳмат қилсин, хокисор, истеъдодли, камтар, заҳматкаш журналист, юраги дардга тўла бир шоир эди.  У адолатсизликка, истибдодга ва зулмга шеърлари билан исён этган, режимга мухолиф шоир эди. У бевақт оламдан ўтганди. Бевақт ўлим бир ноёб шоирни элдан юлиб кетган бўлса, унинг акси бўлган бир шоирани етиштирди.

Илгари зулмдорлар рақибларини ўлдириб, уларнинг болаларини ўзларининг йўлларида тарбиялар эканлар. Бугунги режим ҳам ана шундай бадбахт ва бадкордир!

Чори Авазнинг меҳрига зор бўлиб, бугунги жамиятнинг тарбиясида унган, ҳали Қаршидаги мактаб-интернатни битирмаган бўлса ҳам, бугунги режимни улуғловчи бир қанча китоблари чиққан Гули Нигор Авазованинг мана бу шеърлари фикримизга далилдир.

ПРЕЗИДЕНТ БОБОМГА

Бургутга ҳавасим келади,

Шижоат, куч – ғайрат тимсолидир у.

Бўронлар писандмас, тиғдай тилади,

Юксак – юксаклари кўзлаб учар у.

Сиз бургут мисоли мард -у улуғвор,

Баланд учаяпсиз келажак томон.

Ёмон кўзнинг Сизга етмоғи душвор,

Ўзбегим бахтига бўлгайсиз омон!

Аммо бир кун Гули Нигор раҳматли отасининг руҳига қайтишига ишонаман.

Режим янги бир авлодни, янги бир зеҳниятни улғайтирди. Эндиги ишнинг қийинчилиги ҳам мана шунда. Янги авлодни ўзлигига қайтариш машаққати билан юзма-юзамиз.

ВАШИНГТОН: 2004-2005 йиллар.

Jahongir Mamatov׃ Zehniyat jumbog’i

Savollarga javoblar

Boshqalarning ko’rganlariga ehtiyoj

SAVOL: O’z kamchiliklaringizni ham ko’rasizmi yoki faqat boshqalarning kamchiligini qidirasizmi? (Aslambek).

JAVOB: “Do’st achitib aytadi” degan ham biz, “Tanqid otangga ham yoqmaydi” degan ham biz…

Birovning kamchiligini ko’rib, aytmay ketishlikni o’sha odamga nisbatan dushmanlik qilish deb bilaman. Bu hisni ko’tarib yurolmayman. Aytaman va engil tortib yo’limda davom etaveraman.  Bu-xarakterim va buni o’zgartira olmasligimni ham bilaman. Kamchiligimni aytganlardan birortasidan xafa bo’lgan emasman, aksincha hurmat qilaman. Lekin tuhmat qilishsa, nohaqlik qilishsa bunga ham ko’z yumib ketmayman. Ko’z yumish qo’rqoqlik.

Ammo bugunga qadar kim tuhmat qilgan bo’lsa,  jazosini Allohdan oldi va olmoqda. Bu kuch beradi. Demak, buyuk ADOLAT mavjud.

Shunday bo’lsada tuhmat qilganlarning basharasini ko’rgim kelmaydi. Shundaylardan biri “Siz siyosatchi emas, kulib, quchoqlashib, yaqin bo’lib yuravermaysizmi, vaqti kelganda oyog’ining ostidan narvonni olib qo’yasiz” degandi. Agar shu siyosat bo’lsa, demak rostdan ham siyosatchi emasman!

Orqadan fitna qilishni emas, ochiq kurashni tanlaganman. Sirtdan gapirganlarning gapiga emas, yuzimga, ochiq gapirganlarning gapiga e’tibor qilaman.

Inson o’z kamchiliklarini o’zi ko’ra olganda u mukammal zot bo’lur edi. Afsuski, shunday emas. Shu bois har kimning ham  boshqalarning ko’rganlariga ehtiyoji bor. 2004.

Gavhar va gav-xar

SAVOL: Siz bugun muxolifat yo’q debsiz. Lekin ba’zilar “Bugun butun xalq muxolifatdir” deb yozishmoqda. Bunga nima deysiz? (Baxtiyor).

JAVOB: Albatta bunday gap o’zlari muxoliflikni uddalay olmagan kishilardan chiqadi. Keyingi 15 yilda bu gapni ko’p eshitdik. Lekin hech qachon  rejimlarni  butun xalq o’zgartirmagan, uning bir qismi o’zgartirgan.

Hatto keyingi paytda eng ko’p misol qilinadigan Serbiya va Gurjistonda ham inqiloblarda xalqning faqat bir qismi, juda oz qismi ishtirok etdi. Shuning uchun butun xalq muxolifat va rejimni uning o’zi o’zgartiradi deyish bu menga nima, degandek gap.

Bugun erkin saylov bo’lganda ham xalqning anchagina qismi Karimovga ovoz berishi turgan gap, chunki xalq juda ishonuvchan va karimovchilar esa yolg’onni rostdek qilib gapirishga usta.

Bolalar ota-onasiga ishonmasligi mumkin, lekin o’qituvchisiga ishonadi. “Bu gap yolg’on” desangiz ham, “Yo’q, o’qituvchim aytdi, bu rost” deb turaveradi. Xuddi shunday gazetalarga, radio va televidenielarga ham ishonuvchan odamlar talaygina. Stalin o’lganda endi nima qilamiz deb ho’ngir-ho’ngir yig’laganlar bo’lgani kabi Karimov o’lganda ham aza tutadiganlar topiladi. Karimov ana shundaylarga “stavka” qilmoqda.

Shu muxoliflik haqida gap ketganda xalq deb emas,  ba’zilar yoki xalqning bir qismi, yo bo’lmasa xalqning aksar qismi degan iborani ishlatishlari kerak deb o’ylayman. Karimovning  “Butun xalqning nomidan gapirayapman” deganidek ko’zbo’yamachi vaziyatga tushib qolmaslik zarur.

Muxolifat xalqning siyosiy jihatdan etishgan bir bo’lagidir. Muxolifat harakati esa xalqning siyosiy jihatdan etishgan qismini birlashtirish uchun urinishdir.

Birlashtirgan gavhardir, parchalagan gav-xardir!

2004.

Harakatda ma’ni bor

SAVOL: O’zbekistonda  boshqa bir harakat tuzilishiga qanday qaraysiz? (Alisher).

JAVOB:Dunyoning turli qonunlari bor. Shulardan biri bo’shliqning to’ldirishi haqidagi qonundir. O’zbekistonda muxolifat qatag’on qilinishi bilan uning o’rnida bo’shliqlar vujudga kela boshladi va turli tuman kuchlar buni to’ldirishga urinmoqdalar. Bu masalaning birinchi tomoni.

Ikkinchi jihati esa shuki, tarsaki tarsakini, musht mushtni boshlab keladi, degan gap bor. Zulm keyingi vaqtda o’ziga qarshi zulmni yaratmoqda. Bu esa unga qo’l keladi. Ana shuni tushunganlar o’z noroziliklarini tinch yo’l bilan ifodalashga urinmoqdalar.

Uchinchi jihati esa mavjud muxolif kuchlarning faoliyatidan qoniqmaslik ham boshqa bir harakatning paydo bo’lishiga yo’l ochadi.

Xullas, qanday jihatlarga bog’liq bo’lmasin yangi bir demokratik, ta’kidlayman demokratik harakat paydo bo’lsa, uni qo’llash va dastaklash kerak.

2004.

Lider tashqarida emas, ichkarida bo’lishi kerak

SAVOL: Bugun hech qaerga qo’shilmay turgan yoshlar juda ko’p. Shularni birlashtirib, bir partiya tuzib Karimov rejimiga qarshi yurish boshlatmaysizmi? (Ubaydulla).

JAVOB: O’zimni rais deb e’lon qilib, bundan rohatlanish yoki gadoy kabi eshikma-eshik yurib grant izlash ishtiyoqim yo’q. Bu gapning po’st kallasi.

Lekin yangi bir partiya tuzish takliflarini ko’p olaman va sizning ham bildirgan ishonchingiz uchun katta rahmat. Oldingi takliflarga yozgan javob xatlarimdagi gaplarimni qisqartirib yana bir bor aytmoqchiman. Kechagi va bugungi sharoitda bir partiya tuzib, a’zolarining ro’yxatini hukumatga topshirish bu o’z farzandlarining boshini jallodning kundasiga qo’yish bilan barobardir. Ayniqsa, o’zim chetda bo’lgan holda mamlakatdagi navqironlarning hayotini tahlikaga solish vijdonimga mos emas.

Bugungi rejimi sharoitida partiya tuzib, demokratik yo’lda kurashning hech qanday imkoni yo’q. Imkoni bor deb safsata sotib yurganlar ham buni biladilar va tirikchilik uchun bu gapni aytib turishga majburlar. Demokratik yo’l bilan kurashning imkoni yo’q ekan, nodemokratik, qurolli yo’l qoladi, bunga esa qarshi bo’lganman va bundan keyin ham bu yo’lni tanlamayman. Chunki qurol gunohkor va gunohsizni ajrata olmaydi.

Shu sabab murojaat qilgan yoshlarga hozir butun diqqatni o’qishga, bilim olishga, oq va qorani tanishga sarflang, deb maslahat berishdan boshqa ilojim yo’q. Chunki jamiyatning kelajagi sizlarning qo’lingizda.

Kecha imkon yo’q edi, bugun ham yo’q, ammo bu  ertaga ham bo’lmaydi degani emas. Shu bois o’zingizni ertangi imkoniyat kuni uchun hozirlang.

Jallodlik abadiy emas, ezgulik abadiydir va sizning imkoniyatingiz ham ertaga oldingizga chiqadi. Ana o’shanda biz 1990 yillarning boshida boy berganimiz kabi siz ham dovdirab qolmasdan, bir-biringizni yoqavayron qilmasdan, jallodning oyog’i ostiga itqitmasdan ish ko’rsangiz bayroqni olib ketasiz.

Tayyorgarliksiz hech narsa bo’lmaydi. Shart emas nomi partiya bo’lishi. “Do’stlik klubi” deb atashingiz mumkin, “Gurung” deyishingiz mumkin, xullas, sizni birlashtiradigan bir guruh tuzing va ishni demokratiyani, dunyoni, asl tarixni o’rganishdan boshlang va bir kun kelib siz demokratiya o’rnatuvchisi bo’lasiz. O’shanda bugungi avlod kabi alamzada bo’lib, bir-birining go’shtini eguvchi to’daga aylanib qolmaysiz.

Nasib etib, Vatanga qaytish imkoniyati mening ham oldimda paydo bo’lsa, o’shanda balki taklifingizni o’ylab ko’rishim mumkin. Chunki lider tashqarida emas, ichkarida bo’lishi kerak.

2004.

Xor bo’lgan san’at

SAVOL: Siyosatga aloqasi bo’lmagan bir narsa so’ramoqchiman, Amerika filmlarini yoqtirasizmi yoki hind filmlarinimi?(Kamola).

JAVOB: Bolalikdan hind filmlarini tomosha qilib ulg’ayganmiz. Amerikaga kelib ham Bollivudda chiqqan har bir filmni ko’rishga harakat qilaman. Bugun chiqayotgan filmlar oldingilaridan mutloq farq qiladi. Hozir hindlar filmlarga katta ijtimoiy, siyosiy va madaniy muammolarni yuklashga intilmoqdalar va bu ularni dunyoda birinchi o’ringa olib chiqmoqda. Masalan, “Bog’bon”, “Ashok”, “Qafas”, “Dev” filmlari kabi klassik bo’lib qoladigan asarlar yaratishmoqda. Hind filmlari hali Hindistonda namoyish etilmasdan Amerikaga etib keladi va ularni uyda tomosha qilish imkoniyati juda ham qulay.

Bu degani Hollivud filmlarini ko’rmayman yoki yoqtirmayman degani emas. Aksincha aksar yangi filmlarni ko’rib boraman. Hind filmlarida maqsad asosan sizni dam oldirishga, hordiq chiqarishga qaratilgan bo’ladi. Shu bois ham ularni tez unutasiz. Amerika filmlari esa sizni o’ylashga, tarix, bugun va kelajak haqida bosh qotirishga undaydi. Keyingi paytda tarixiy, falsafiy filmlar juda ko’p chiqmoqda va ularni tomosha qilish yaxshi bir kitob o’qigan kabi huzur beradi.

Masalan, “Troya”, “Uzuklar ilohiysi” “Iso payg’ambarning hassosiyati”, “Qirol artur” kabi epik filmlar qatorida “Ertadan keyingi kun”, “Faranget-911″ kabi dunyoviy dolzarb muammolar haqidagi filmlar qatorida ko’ngilochar asarlar ham borki, hind filmlaridan qolishadigan joyi yo’q.

Shu o’rinda bir narsani eslatmoqchi edim. Internet va televidenie rivojlanishi kino san’atini o’ldiradi, degan taxminlar bor edi. Ammo bunday bo’lmadi. Raqobat yaxshi asarlar paydo bo’lishiga olib keldi.

Televidenielar ham bugun kinofilmlardan qolishmaydigan asarlar tayyorlamoqdalar.

Shunga qaramay, Amerikada ming-minglab kinoteatrlar bor va ular doim liq to’la. Chunki film industriyasi mutloq erkin bo’lgani uchun xalqning dardi va tashvishlari bilan hamohang yashaydi. Hatto biroz oldinlab, ertangi kunni bashorat ham etadi.

Bir kun o’zbek filmlari haqida ham ana shunday gapirishni orzu qilaman. Lekin Sovet davrida o’zbek filmlari kommunistik g’oyaga xizmat qildirilgan bo’lsa, bugun esa bachkanalashib ketgan. Balki dunyoning eng buyuk kino asarlarini ko’rib borganim uchunmi Toshkentdan kimlar orqalidir keltirilgan filmlarni qarab, xuddi yuz yil oldin olingan kinolentalarni tomosha qilayotgandek bo’laman, yirik madaniy tarixga ega bo’lgan bir millatning san’ati hamon xor bo’layotganiga achinib ketaman.

2004.

Tanlov oz emas

SAVOL: O’zbek san’atkor, shoir, yozuvchi va  jurnalistlaridan sizga ma’qul bo’lganlari ham bormi? (Otamirza).

JAVOB: Bor va oz emas.  Har kimning o’z tanlovi bo’ladi. Masalan, bir taom kimgadir yoqadi va kimgadir yoqmaydi. Bu masala ham shunday, shaxsiydir. Men boshqalarning ham tanlovlarini hurmat qilaman.

Mening tanlovim: Masalan, san’atkorlardan Komiljon Otaniyozov(rahmatli), Faxriddin Umarov, Tavakkal Qodirov, Bobomurod Hamdamov…

Qariyb o’ttiz yildirki Tavakkal Qodirovning Furqat g’azaliga aytgan “Sayding qo’yaber sayyod”ini deyarli har oqshom tinglayman. U mening “uyqu dorim”ga aylangan.  Ba’zi qo’shiqlarni bir marta yoki ko’p marta eshitib “to’yib qolasiz”. Lekin “Sayding qo’yaber…” ularga o’xshamaydi.  U qo’shiqdan beg’ubor osmonga, kenglikka aylanib ketadi.

Manimcha bugungacha bu ashulani Tavakkal Qodirov darajasiga etkazib boshqa birov aytolmadi. Aytgan bo’lsa ham men eshitganim yo’q. “Toshkent ushshog’i” ham uning ijrosida har qanday odamni  eritib yuboradi. Ming marta tinglasam ham yana tinglagim keladi. Uyda ham, yo’lda ham, safarda ham…

Faxriddin Umarovning qo’shiqlari haqida ham shunday fikrdaman. U hatto Po’lat Mo’minning “qip-qizil, sovetcha” so’zlariga ham sehr berib, ularni jozibador satrlarga terib yuboradi.

Yozuvchilardan: Abdulla Qodiriy, Mamadali Mahmudov(Evril Turon), Zohir A’lam, shoirlardan Jamol Sirojiddin, Abduvali Qutbiddinu jurnalistlardan  Ahmadjon Muxtorov, Ahmad Ismoilov va boshqalar haqida to’xtalishim mumkin. Zotan ularning har biri haqida anchagina yozganman. Ismlari bu yerda yozilganlardan tashqari yana ko’plab ijod ahli-iste’dodli shaxsiyatlar borki, ularni ham qadrlayman.

Demoqchimanki, tanlov oz emas. Har qanday rejimlar davrida ham xalqning ardoqli farzandlari etishgan va har qanday insonda kimnidir qadrlash tanlovi bo’lgan.

2004.

Kitoblarim

SAVOL: Kitoblaringiz qaysi mamlakatlarda chiqqan?(Oysara).

JAVOB: Albatta, kitob chiqishi muhim voqea emas. Balki kitobning nima haqdaligi muhim. Bugunga qadar millionlab, balki trillionlab kitoblar nashr etilgan. Aksari juda silliq, obi-tobida yozilgan. Masalan, Stalindan Islom Karimovga, Muborakdan Qaddofiyga, Saddamdan Brejnevgacha minglab zolimlar nomidan chiqqan va mahorat bilan yozilgan qanchadan qancha kitoblar bor. Yo bo’lmasa ularga xizmat qilgan, ularning maddohlari bitgan qanchadan-qancha kitoblar chiqqan. Ularga qulay va yo’l ochiq. Asrlardir shunday bo’lib kelgan.

Bugunga kelib ko’p narsalar o’zgardi. Endi istagan odam o’z kitobini nashr eta oladi. Etarki muallifda bir fikr va odamlarga aytadigan gapi va shijoati bo’lsin. O’qiydiganlar topiladi. Demak, bugun faqat saralangan toifaning emas, xalqning kitoblari ham chiqadigan zamon.

Kaminaga kelsak, yozganlarim kitob holida AQSh, Turkiya, Ozarbayjon va mustaqillikdan oldingi O’zbekistonda  ham chop etilgan.

Bugun mana endi kitoblarimni internetda dunyoning istagan nuqtasidan turib o’qishingiz mumkin.

Ayni paytda AQShda tilshunoslikka oid bir necha ilmiy kitoblarim ham nashr etilgan.

Qiziq bir kuzatishni aytmoqchiman. Yozganlarimni kamsitib yuradigan bir-ikki kishi bor. Ularning ba’zi qoralamalariga qarasam, Karimov rejimining dastlabki yillaridagi bevosita o’zim guvoh bo’lgan voqealar tafsilotini kamina yozganlaridan “aylantirib”, o’g’irlab olishgan. “Osh bo’lsin”! O’g’irlamasdan, ochiqdan-ochiq ham olaverishlari mumkin, zotan xalqqa yozilgan dasturxon bu!

Aslo, ularga tosh otmoqchi emasman, aksincha kitoblarim hatto raqiblarimga ham kerakli ekanligidan mamnuniyat hissi tuyganimni ta’kidlamoqchiman, xolos.

2004.

Internet…

SAVOL:Internetdan qanday foydalanasiz va Internetni suiiste’mol qilayotganlar haqida nima deya olasiz? (Otabek).

JAVOB: Internet… juda katta erkinlik maydoni.

Hayotda hamma narsaning me’yorini bilgan odam o’z maqsadlariga erisha oladi. Internetni ham suiiste’mol qilmaslik kerak.  Internetga mukkasidan ketgan odam emasman. Ish yuzasidan va qiziqish yuzasidan kirib turaman va bu ko’p vaqt olmaydi. Printsip sifatida chatlar va mehmonlar kitoblarida qatnashmayman. Ishim va xavfsizlik ham bunga imkon bermaydi. Qolaversa, u yerdagi mehnat suvga oqadi, yo’q bo’lib ketadi. Sarflagan vaqtingiz, chatnagan asabingiz qoladi. Oltin berib, axlat olgan bo’lasiz.

Internetdan foydalanish umumiy vaqtim bilan ham bog’liq. Ikki joyda ishlayman. Haftada kamida 60 soatlik rasmiy ishim bor va vazifamni birovlarga yuklamasdan bajaradigan odatim bo’lgani uchun deyarli bo’sh vaqtim yo’q.  Uyda esa ijodiy ishlarimga ko’proq vaqt ajrataman.  Filmlar ko’rish, yangi chiqqan kitoblarni o’qish va oila yumushlari deganday… vaqt etmay qoladi. Shu bois xabar og’irlikli vebsahifalarga obuna bo’lganman va ular har kungi yangilik, tahlillarni elektron pochtamga yuboradilar. Bu veb sahifalararo “yugurib” yurmaslik uchun katta imkoniyat.

Internetdan bugun odamlarning shaxsiyatiga hujum, nafsoniyatga tegish, haqorat, g’araz maqsadlarda qo’llanish, do’stlarning orasini buzish, nifoq sochish, nafrat uyg’otish, fitna  uchun foydalanadiganlar ham  bor.  Jamiyat borki, uning sariq pechaklari ham bor. Jamiyat borki, uning andilari ham bor. Undaylar  hatto o’zlarining kim ekanliklarini unutib, o’zlarini ham suiiste’mol qiladilar. O’zini suiiste’mol qilgan odamdan qanday qilib internetni suiiste’mol qilmaslikni kutasiz?

Internet ham madaniyat ko’zgusi. Sovet davrida odamlarni so’kish bilan kun o’tkazadigan kazo-kazo joylarda ishlagan va o’ta madaniyatsiz bo’lgan bir kishini bilaman. U  vebsahifalarning mehmonlar kitoblariga kirib kurakda turmaydigan so’kinishlarni yozadi. Eski kasbidan kelib chiqib, birovlarning nomi, uslubini ishlatib yozadi. Ammo  uni allaqachon ko’pchilik tanib oldi. Avvaliga uning qopqoniga tushganlar ham bugun uni bildilar. Undan hazar qiladigan bo’lishdi. Lekin u “kasbini” tashlamadi. Eshitishimcha, bugun ham “vazifasini” bajarib yurgan ekan. Bu ham kasallik.

Qush uyasida ko’rganini qiladi. Odamlarning iltimoslari, pandu nasihatlari va gaplarini olmadi.  “It birlan xo’tukka qancha qilma tarbiyat, it bo’lur eshak bo’lur, bo’lmaslar aslo odamiy!”  yoki “zahar solmoq erur kasbi ilonning” degan gaplar unga aytilgandek edi.

Bugun o’zbek tilidagi yaxshi vebsahifalar deyarli yo’q hisobi. Bu jabhada yoshlarga o’zlarini ko’rsatishlari uchun juda katta maydon bor. Internetga kirish imkoniyati bo’lganlarda mamlakatga, vatanga, millatga, internetga kiraolmayotgan ming-minglab, millionlab  odamlarga xizmat qilishni istaganlarga bu cheksiz hududdir.

2004.

O’zimiz bilan o’zimiz…?

SAVOL: Amerikadagi o’zbeklar o’zaro uchrashib turasizlarmi?  (Ma’rufjon).

JAVOB: Internet haqida yozganimda biroz bo’lsada vaqt masalasiga ham to’xtalgan edim. Amerikada odamligimni yo’qotmasdan yashayman deganlarga bekorchi vaqt, bo’sh vaqt bo’lmaydi.

Bu yerda yashash darajasini o’zingiz tanlaysiz. Istasangiz hech qaerda ishlamasdan gadoylik bilan ham kun ko’rish mumkin. It yotish, mirza turish bilan ham bu dunyodan o’tib ketish mumkin. Ammo o’z uy-joyingiz, qulay transport vositangiz, texnik imkoniyatlardan foydalanish orzuingiz, har yili dam olishga borib kelish sharoitingiz, Amerikani, dunyoni tomosha qilish,  bolalarni yaxshi oliygohlarda o’qitish niyatingiz  bo’lsa,  tinmay ishlash kerak. Chunki bularning hammasi pul va juda katta pul! Shuning uchun ham bu yerda “vaqt–pul” degan iborani tez-tez ishlatadilar. Bu masalaning bir tomoni.

Ikkinchi tomoni esa, xo’sh uchrashuvlar nima beradi?  Quruq oldi qochdi gaplar, keyin orqavarotdan ig’volar, bir-birining ustidan bo’htonlar uyushtirishmi? Bir-biri bilan quchoqlashib, bir-biriga qarab jilmayib, birga ovqatlanib keyin bir-biriga dushmanlik qilishmi? Tabiiyki buni siyosat deb bilguvchilarga masalaning ahamiyati yo’q. Ammo nafsoniyatingiz va g’ururingiz, o’z qarashingiz va o’z yo’lingiz bo’lsa bunday uchrashuvlarga qo’l siltaysiz.

Ilk bor Amerikaning Oregon shtatiga kelganman. Keyin Virjiniya shtatiga ko’chdik. Bu yerda o’zbeklar, ayniqsa Afg’oniston va Turkiya orqali kelgan o’zbeklar ko’p. Dastlab bir hamkasbim bilan Turkistonliklar jamiyatini tuzish uchun ko’p yugurdik. Jamiyatning asosini qurib bo’lganimizda har tomondan ta’na-dashnomlar kela boshladi. Kimlardir bu jamiyatni Karimov rejimiga xizmat qildirishga kirishdi. Kimlardir jamiyatning “qiroli” bo’lishni istadi. Kimlardir bizni o’z manfaatini o’ylab ish qilmoqda deb aybladi. Yana kimlardir jamiyatni o’zlarining diniy maqsadlari yo’liga burmoqchi bo’lishdi. Qarasam bu jamiyatning istiqboli yo’q. O’zimni chetga oldim.  Oradan yilllar o’tdi, ammo jamiyatning asosi o’sha holicha qoldi.

Shundan beri bu yerdagi o’zbeklar bilan to’y va yoki ma’rakalarda ko’rishmasak, unchalik aloqamiz yo’q.

Bevosita O’zbekistondan kelgan o’zbeklar bilan ham shunday.  Uchrashib turamiz. Hozirga kelib o’zbeklar ko’payib qoldi. O’zbekiston bilan bordi-keldilar boshlandi. Boshqacha aytganda har kimning o’z davrasi paydo bo’lmoqda. AQShga ilk kelgan o’zbeklar yillar davomida “marg’ilonliklar”, “toshkanliklar”, “buxoroliklar”, “samarqandliklar”… kabi guruhlarga bo’linib ketishgan. Yangi kelganlar ham shu yo’ldan ketadiganga o’xshaydilar. Kamina bunday mahalliychilikni yoqtirmayman.

O’zbekistondan kelayotgan odamlar ko’p va ularning ayrimlari uchrashib turamiz. Gohida uyda, gohida tashqarida bir piyola choy ustidagi suhbatlar soatlardan kunlarga ulanadi. Tejagan bo’sh vaqtlarni ana shunday uchrashuvlarga sarflaymiz. Qolaversa, atrofimizda boshqalar ham ko’p. Ular bilan uchrashib turish ham qiziqarli va mazmunli.

Xullas, bugungi tezlikda davom etsa, bir kuni Amerika o’zbeklar uchun ham vatan bo’ladi, o’zbekning o’zbek bilan uchrashib turishi savol mavzusidan chiqadi.

Qaysi bir buyuk odamning gapi bor, “qadam qo’yganim ozod tuproq vatanimdir” degan. O’zbeklar dunyoga yoyilmoqda, tilagim, qadamlari ozod tuproqlarga etsin! O’zlari bilan o’zlari bo’lib qolishdek qobiqni engib chiqsinlar!

2004.

Eroniylar o’zbekmi, o’zbeklar eroniymi?

SAVOL: Siz O’zbekistonda yashayotgan eroniylar haqida ma’lumot berishingiz mumkinmi?(Mehribon).

JAVOB: Ma’lumki, dunyoda barcha xalqlar  ko’chmanchilikni boshdan kechirganlar. Bugun “Markaziy Osiyo” deb atalayotgan va qadimda yanada kengroq joyni o’z ichiga olgan Turonzaminda ayniqsa, ko’chmanchilik odat bo’lgan.  Masalan, Turkning O’zbek qabilasi ham 15-16 asrlarga qadar ko’chmanchi bo’lgan.

Bugun muqumiyat davrida Samarqand va uning yaqinlarida, (Jizzax, Buxoroda) “Eroniylar” deb bilingan  turklar yashaydilar, ular azaldan va hozir ham turkiyzabondirlar.  Uylaridagi so’zlashuvlarda Turkiya turkchasiga yaqin o’ziga xos lahjani saqlab qolganlar.

Erondan Turonga kelib joylashganlarning yana bir guruhiga “pirsionlar” deyishadi va ular bugunga qadar ham fors-tojik tilida gaplashadilar. O’zbekistonda bu masala yaxshi o’rganilmagani, tarix mukammal emasligi natijasida  ba’zilar ana shu nuqtada  chalkashib qoladilar va tojik tili yoki fors madaniyati haqida gap ketayotganda  “Eroniy”larni qo’shib yuboradilar.

Nafaqat  Samarqandda, balki O’zbekistonning aksar qismida ham  tarixning zayli bilan Eronning Tabriz bo’lgasi, baezi davrlarda Xuroson deb ataladigan joydan “Eroniylar” kelib joylashganlar. Xuddi  “Qrim turklari” iborasi kabi “Eroniy” kalimasi ham bu xalqning o’ziga xos bir nomiga aylangan va ular buni yashirmaydilar, bundan uyalmaydilar, balki iftixor qiladilar. Chunki bu nom ularning bu zaminda tub aholi ekanliklarini ko’rsatib turadi.

Ularning bu zaminda muqim joylashganlarini to’rt davrga bo’lish mumkin.

BIRINChI DAVR: Eron-Turon to’qnashuvlari davri. Hali Samarqand So’g’diyona, Maroqand kabi nomlar bilan atalgan kezlarda  bu zaminga Erondan turklar ko’chib kelgandilar. Qadim Afrosiyob tarixi buning bir misolidir.

IKKINChI DAVR: Bu   Amir Temurning Eron, Iroq orqali Turkiyaga yurish davri. Bu davrda mazkur mintaqalarda yashagan turkiyzabonlar uning armiyasiga qo’shilganlar va shu mintaqadagi juda ko’p olimlar, ziyoli turklarni Amir Temur Samarqandga ko’chirgan. “Zafarnoma”, “Zafar yo’li”, “Temur Tuzuklari”da bu haqda ko’p ma’lumotlar bor.

UChINChI DAVR: Shayboniyxon Samarqandni bosib olishi va  Mirzo Boburning Eron turklaridan, xususan Shoh Ismoildan yordam so’ragan  payti. Bobir Mirzo Shoh Ismoilga maktub yo’llab, yordam so’rashi natijasida qariyb sakson ming Eron turki Samarqandga kelib, Boburiylar saltanatini, madaniyatini himoya etganlar. Bu haqda O’zbek Entsiklopediyasining yangi nashrida ham batafsil ma’lumot berilgan.

TO’RTINChI DAVR: Bu Nodirshohning Samarqandni ishg’ol qilgan yillari. Nodir shoh chiqib ketarkan, bir qancha  Eron turklari va bir qism forsiyzabonlar ham bu yerda qolganlar. “Samarqand tarixi” kitobida yozilishicha, ularning bir qismi Xorazm tomonlarga ko’chib ketishgan. Lekin aksariyati bugunga qadar o’zlari dastlab joylashgan mintaqalarda yashayotganlarini kuzatish mumkin.

Abu Tohirxo’janing “Samariya” (”Samarqandnoma”) kitobida yana ham ilgarilab ketiladi va Samarqand shahrining paydo bo’lishi Eron shohi Kaykovus hukmronligi davriga bog’lanib, ilk ko’chishlar o’sha paytda bo’lgani aytiladi. Nima bo’lganda ham Eron turklarining Samarqandga  yirik-yirik ko’chishlari tarixda o’z izini qoldirgan.

Turon zamin aholisi tarixan ko’chmanchi bo’lganini hisobga olsak, bugunga kelib O’zbekistonda “Eroniylar’ deyilgan turklar tub xalqlardan biri ekanligini inkor qilish mumkin emas. Zotan Samarqandning O’zbekiston tarkibida qolishi ham ular bilan bog’liq. O’zbekiston tarkibida bo’lgan Tojikiston Avtonom respublikasi ajralib chiqishi jarayonida Samarqandni poytaxt qilib olishni so’rashadi va  Eron turklari bunga qarshi bosh ko’taradilar. Shundan keyin Stalin bu shaharda aholi ro’yxatini (1929 yilda) o’tkazadi. Eron turklarining ziyolilari katta kampaniya yuritadilar va o’zlarini “O’zbek” deb yozdirishadi. Bu Samarqandning O’zbekiston tarkibida qolishida muhim rol o’ynaydi. Bu yerda yashagan tojiklar va eroniylar o’rtasida davom etib kelgan ziddiyat ana shunga borib taqaladi.

Eron turklari O’zbekistonning siyosiy, iqtisodiy va madaniy hayotida juda katta rol o’ynab kelishgan. Birinchi O’zbek “Alifbo”sini yaratishdan tortib, turklik tuyg’usi va madaniyatini saqlab qolishga qadar ularning hissalari beqiyos. Shu boisdan ham mustaqil O’zbekistonning yangi  tarixchilari uchun bu soha izlanishlar hududidir.

Qolaversa, keyingi paytda o’zbeklarning kelib chiqishi Tabrizdan degan ma’lumotlar paydo bo’ldi. Shu paytga qadar ingliz va boshqa tillarda mavjud bo’lgan ilmiy ma’lumotlarni o’zbekchada ham qabula qilina boshlashdi. Masalan, Wikipedianing “O’zbeklar” deb nomlangan qismida quyidagi satrlar bor׃

„O’zbek“ so’zi XIII—XIV asrlarda yashagan Juvayniy va Rashididdinlarning asarlaridan ham bizga ma’lum. Jumladan, Eron tarixchisi va geografi Hamidulloh Qazviniy „Tarixi Guzida“ nomli tarixiy asarida 1335 yilda Ozarbayjonga yurish qilgan askarlarni „o’zbeklar“ degan etnik nom bilan ataydi” deyiladi.

Mazkur internet entsiklopediyasining inglizcha “Uzbeks” bo’limida Oxford universiteti 2002 yilda o’tkazgan genetikani aniqlash sohasida o’tkazgan tadiqiqotlarga tayanib, “o’zbeklar, uyg’urlar va dunganlar geni Kavkaz aholisi hamda Sharqiy Osiyo va Janubiy Sibirga yaqin ekanligi” aytiladi׃(qarang).

Ana endi dunyo xaritasiga nazar solsangiz, Eronning Tabriz qismi  Kavkaz mintaqasiga kirishini ko’rasiz. Demak, tarixchilarning oldiga savol chiqmoqda׃ o’zbeklar eroniymi, eroniylar o’zbekmi?

2004.

“Amiri kor”ga kelmoqchi bo’lsangiz

SAVOL: Men Amerikaga bormoqchiman, u yerda birorta odam menga yordam berishi mumkin-mi?(Qobiljon).

JAVOB: Bu “yordam” kalimasining Amerikada va O’zbekistonda ikki xil ma’no tashiganini hisobga olib, sizning qanday yordam so’rashingizga bog’liq.

O’zbekistonda bir telefon qilib, o’qishga kiritib qo’yish, yotoq bilan ta’minlash, imtihonlardan o’tmaganda domlasiga ta’sir qildirish kabi tushunchalar ham “yordam”ga kiradi.

Amerikada esa “yordam”  birov non-suvsiz, och qolsa uni bir muddat oziq-ovqat bilan ta’minlash, yangi ko’chib kelgan odamga qo’llanilgan kiyim-kechak, mebel, tovoq-qoshiq to’plab berish, mashinasi bo’lmasa manziliga olib borib qo’yish tushunchalarini o’z ichiga oladi.

Bu narsa  madaniyatdan emas, balki turmush talabidan kelib chiqadi.  Chunki bu yerda odamlar yakka, mustaqil shaxs sifatida etishgan va muammolarini tinmay ishlab o’zlari hal etadilar. “24/7″ degan mashhur ibora bor. Bu degani haftaning etti sutkasida ham tinmay ishlash degani. Samarqandlik tojik do’stlarimiz hazillashib Amerikani  “Amiri kor” deyishadi.  Bu-ishning, mehnatning amri, yo’li bilan yashash.

Ammo Afg’oniston, Turkiya va O’zbekistondan kelib bu yerda yashayotganlar sizga yordam berishni istaydilar, lekin turmush talablari  va bugunga qadar “yordam” berganlaridan eshitgan dashnomlari ularning qo’llarini “bog’lab” qo’ygan. Shu bois ularning yordamlari ham men sanagan darajada bo’ladi. Agar turmush talablaridan besh-to’rt dollar orttirsalar turli mamlakatlarda  qiyin vaziyatlarda qolib ketgan qarindoshlari, tanishlariga ko’maklashishga intiladilar.

Yaqinda bir yigit keldi. Internetdan institut adresini topib, o’qishga kiribdi. Kelsa unga yotoqxona berishmabdi. Buning ustiga “O’qish uchun yiliga falon dollar berasan”, deyishibdi. U hatto bu yerda ovqatlanish uchun qancha pul ketishini yoki transport xarajatini ham nazarga olmagan. Vizasi bo’yicha ishlashi mumkin ekan. Ammo turar joy olishi uchun ijtimoiy sug’urta hujjati talab qilishadi. Bu hujjatni olishga kamida 15 kun kutishi kerak. Muammolar  ichida qoldi. Ham uning jasurligiga havasing keladi, ham uning muammolar bilan yuzma-yuz qolganiga rahming keladi. Bir muddatdan keyin oyoqqa turib oldi, lekin u omadli ekan, uni tasodiflar qutqazdi.

Ammo boshqa odam hech kimni tanimasligi yoki  hech kimni topa olmasligi  va ko’chada qolishi, yomon yo’llarga kirib ketishi hech gap emas. Shu bois kelar ekan, bu masalalarni hal etib, keyin yo’lga chiqish kerak.

Bu birinchidan, ikkinchidan esa ko’chadan kelgan tasodifiy bir odamga  hamma ham eshik ochavermaydi. Kimdir uni josus deb o’ylashi, yana kimdir biror radikal diniy guruhga a’zo deb  xayol qilishi mumkin va hokazo. Ayniqsa, bugun Amerikada bu masalaga jiddiy e’tibor beriladi.

Qisqa muddatli viza bilan kelib bu yerda qolib ketadiganlarga esa hozir hech kim yordam bermaydi. Ular o’z kelajaklarini xarob qiladilar. Chunki ularning ishi qonunlarga xilof harakat va  bu yerda qonunni buzish og’ir oqibatlarga olib keladi. Qonunni buzib qo’ygan  bo’lsangiz tanishingiz hatto prezident bo’lsa ham oraga kira olmaydi. Ana shunaqa gaplar!

Yana ham ko’proq narsa bilishni istasangiz  “O’zbeklar va O’zbeklar” kitobimga nazar soling.

2004.

O’zbek tili va Internet tili

SAVOL: Siyosat jonimga tegdi. Siyosiy bo’lmagan bir savol bermoqchiman. Yaqinda bir xabarda 25-30 yilda dunyodagi 60 foiz til yo’qoladi, deyilganini o’qidim. O’zbek tili nima bo’ladi deb o’ylaysiz? (Rustam).

JAVOB: Aslida bu eng katta siyosiy masala. O’zbek tili 25-30 yilda yo’q bo’lmasa ham  uning bugungi ahvoli o’zgarmasa kelajagi fojealidir.

Bundan 30-35 yillar chamasi oldin dunyodagi eng yirik oltita tildan bir mushtarak til-Esperanto tili vujudga keltirilgan edi. O’shanda yarim asr ichida bu til dunyoning yagona gaplashiladigan tiliga aylanishi bashorat qilingandi. Lekin Esperanto “o’smay” qoldi. Ammo bu soxta til bilan ayni davrda Internet tili ham tug’ila boshladi va juda tez rivojlanmoqda. Bugunga kelib, Internet tilidagi so’z boyligi O’zbek tilining so’z boyligidan besh marotaba ko’pdir va bu tilni bemalol qo’llanadiganlar dunyodagi o’zbeklarning umumiy sonidan 2-3 marotaba ortiq.

Internet tilining bir qismini Ingliz tili tashkil etadi.  O’tgan yillar davomida Frantsiya, Xitoy va Rossiya Internet tilidagi kalimalarni o’zlarining tillaridagi so’zlar bilan almashtirishga urindilar. Lekin bu bilan “ulkan ishg’ol”ni to’xtata olmayaptilar va to’xtata olmasalar ham kerak.

Kelajakda dunyoda umumiy bir til vujuda kelishining zamirida Internet  mavjud va shuning uchun ham yuz yillardan keyin butun dunyoda odamlar yagona Internet tilida bir-birlarini bemalol tushuna oladigan darajaga etadilar. Bu o’z navbatida  ularning ona tillarini tahlika ostiga qo’yadi.

O’zbek tiliga kelsak, bu til bugunning o’zida tahlika ostidadir. Biz til nuqtai nazaridan dunyodagi eng chalasavod guruhlar safiga kirishimiz mumkin.

Xalq tili, adabiy til va rasmiy til orasidagi keskin farq bu chalasavodlikning bir boisidir.

Internetdagi istagan bir o’zbek sahifani ochib ko’ring, istagan mehmonlar kitobiga kirib ko’ring, qani O’zbek tilining talab darajasiga javob beradigan yozuvlarni topa olasiz-mi? Imloviy xatolar yozuvlarni kompyuterga kiritish davomida yuz berishini inobatga olsak, qolganlari-chi? Oddiy jumlani tuza olmaslik, zamon fe’llaridagi chalkashlik, qo’shma gaplarning qovushmasligi, so’zlarni noto’g’ri o’rinlarda, noto’g’ri ma’nolarda qo’llanish, o’z fikrini ochiq tushuntira olmaslik… kabi manzarani nafaqat Internetda balki kundalik matbuotda ham ko’rmoqdamiz. Afsus. Bu fojeaning bir jihati.

Ikkinchi jihati esa: ozgina aqlini tanigan o’zbeklar bugun Internetda asosan Rus tilida yoki Ingliz tilida muloqot qilishga o’tdilar. Ya’ni o’z gaplarini O’zbek tilida aytishdan ko’ra, boshqa tilda aytish ularga osonroq kelmoqda.

Fojeaning uchinchi jihati alifboga, yozuvga munosabat bilan bog’liq. Dunyoda biror-bir xalq o’z yozuvini 100 yilning ichida besh marta o’zgartirmagan. Lekin bizning xalqimizdan chiqqan siyosatchilar bu xalqning qadriyatlarini, o’zligini oyoq osti qilganlari kabi, ona tilini nafaqat himoya eta olmadilar, balki toptadilar, ruslarning talabi bilan yozuvini qayta-qayta o’zgartirdilar va bugun ham lotinu kiril yozuvlari orasida jonimiz talvasada. Bu esa ommaviy chalasavodlikka olib keldi.

Men har kuni turli odamlardan o’nlab “elektron” maktublar olaman. Hatto O’zbekistonda  eng muhim idorada ishlaydigan odam o’zbekcha xatini eplab yozolmaydi. O’zini bosh vazirlikka, oz qolsin prezidentlikka loyiq ko’radiganlar ham shu ahvolda. Keyingi bir yil ichida faqat Muhiddin degan yigitdan O’zbek tilining go’zal va mukammal yuzini ko’rsatadigan bir necha maktub oldim va havas qilib, odamlarga ko’rsatib yuribman. Ona tilimizdan ana shunday uchqunlargina qolayotgani achinarlidir.

Buning ustiga o’zbek ziyolilarining bugun yozgan asarlari bilan qilgan ishlari bir-biriga zid tushib qolgani xalqning matbuotdan, kitobdan yuz o’girishiga, ona tili xazinasidan uzoqlashishiga olib keldi.

Ana shularning hammasini bir nuqtaga jamlaydigan bo’lsak, O’zbek tilining kelajagi zulmat ichida ekanligini tasavvur qilish qiyin bo’lmaydi. Ammo umid o’lgan emas. U holda nima qilish kerak?

Ishni O’zbek tilini o’rganishdan boshlash kerak. “Gaplasha olaman-ku!” deyishingiz mumkin. Bu esa “Tilimizdan “votti-votti”, asta sekin ketivotti” degan kinoyani eslatadi.

2004.

Ayolni kamsitmoq uchun odamlikdan chiqmoq kerak!

SAVOL: Juda qisqa qilib, ayolga va uni kamsitganlarga qanday baho bergan bo’lar edingiz?(Zulfiya).

JAVOB: Ayol… bu kalima qarshisida kishining ilhomi jo’sh uradi.

Ayolni ardoqlagan arshi a’loning zoti,

Ayolni kamsitganlar bu dunyoning isnodi!

ya’ni bizni shoiri zamon, oshiqi jahon, komili davron, olimi karvon, hazrati inson, sohibi ehson, mardi mardon etgan ayoldir, uni kamsitmoq borliqni kamsitmoqdir.

Ayol… ko’zlarida yosh tinmas ekan,

Ayol… ko’zlariga nur inmas ekan,

Erkakning erligi savoldir savol,

Ayolning boshiga baxt qo’nmas ekan.

Ya’ni erkaklarning zug’umi bois bozorda mardikor, uyida nonga zor, qo’llari o’ziga dor, benomus dunyoda goh beor, goh nochor, o’tmishi zulmat, g’or, istiqbol yo’li tor, dilida o’lmagan kuni bor, erini tutgan yor, o’g’lini kutgan zor ayol! Uni kamsitmoq uchun odamlikdan chiqmoq kerak!

2004.

Sadoqatga qarang!

SAVOL: AQSh Davlat kotibi bir mushukni qabul qilmoqchi ekanligi haqida eshitdim. Shu to’g’rimi? (Dilshod).

JAVOB: To’g’ri. Mushukka uning nomini berishgan ekan. Adashi bilan ko’rishmoqchi. Bugun 2004 yilning 10 Avgust, juma kuni Davlat kotibining “qabulida bo’lishi”dan oldin bu “Bombay” turidagi hayvon “Yilning mushugi” unvonini ham olgan ekan. Bu borada xabarlar ham chiqdi.

Bilasizmi, G’arb va Sharq o’rtasida juda ko’p sohalarda farq bo’lganidek, hayvonlar masalasida ham jiddiy farqlar bor. Masalan, Amerikada bir kishi yaqin do’stini bemalol “It” deyishi mumkin. Bu uning yaqinligiga, sodiqligiga ishorat bo’ladi. Endi tasavvur qiling, bizda bir kishi boshqasini “It” deganini…

Sobiq prezident Reyganning motam marosimida uning farzandlaridan biri otasini xotirlar ekan, bolaligida balig’i o’lib qolganda, buning uchun dadasi maxsus ko’mish marosimi o’tkazganini, duolar o’qiganini eslagandi.

Yaqinda Demokratik partiyaning qurultoyida prezidentlikka nomzod Kerrining xislatlari haqida gapirib bergan qizi, bolaligida uning sichqoni nafas olmay qolganda, otasi CPR (yurak urishi, nafas olishi to’xtagan odamni ko’kragiga bosim berish bilan birga, uning burnini bekitib, og’ziga og’izni qo’yib havo yuborish tibbiy usuli, bu haqda maktablarda o’qitiladi)ni qo’llagan ekan.

Bizda bunday holni jirkanib, nafrat uyg’otish uchun aytish mumkin. Bu yerda hurmat uyg’otish uchun aytiladi.

Amerikada har yil Shukron bayrami kuni kurka(qal-qal tovuq)lar so’yiladi. Shu kuni prezident Oq uyda maxsus marosim o’tkazib bu yerga olib kelingan bitta qal-qal tovuqni avf etadi. Bu yerda prezidentlar doim o’z kuchuklari bilan yurganlari (bu kuchuklar Oq uyning eng aziz jonzoti hisoblanadi) mamlakat rahbarlarining hayvonot dunyosiga yaqinliklari deb baholanadi.

Ular kuchukning yuzidan o’padilar, kuchuk ham ularning yuzlarini yalab qo’yadi… Sadoqatga qarang. Kimlarnidir eslatdi-a, sizga?

2004.

Sevgini darig’ tutmang!

SAVOL: Siz nima uchun buncha Amerikani himoya qilib yozasiz? Men ham shu yerda yashayman, muslimaman, lekin Amerika uchun siz kabi advokatlik qilmayman. Nahotki siz Amerikani tushuna olmasangiz? (Iroda).

JAVOB: Malayziyadan bir o’zbek elektron xat yozdi: ” Menga maslahat bersangiz. Dunyoda “9-11” dan tashqari yana qaerda ingliz tilini biladigan bir musulmon uchun erkin joy bor”. U “9-11” deganda AQShni nazarda tutgan edi. Men darhol javob yo’lladim.” Hali ham “9-11” dan erkinroq joyni topa olmaysiz”. Javob yo’llaganimdan so’ng musulmon hamkasblarimdan biriga shunday maktub olganimni aytdim. U ham aynan men kabi javob qildi. Buni ko’pchilik ichi-ichidan e’tirof etadi. Ammo negadir amalda sir saqlashadi.

Boshqa davlatlardan kelib Amerikada yashayotganlarning ko’pchiligi bu yerga quyidagi maqsadlar bilan kelganlar׃

-o’zi va oilasining hayotini diktatorlar zulmidan, urush girdobidan, diniy, etnik ta’qiblardan qutqarib qolish;

-erkin dunyo, rohat farog’at dasturxon va o’z mehnatiga yarasha haq olish;

-o’qish, ilmli bo’lish, boylik orttirish, zamonaning oldingi odami bo’lish uchun.

Har uch toifa ham Amerikaga joylashar, uning fuqaroligini qabul qilar ekan, endi bu zamin uning ham vatani ekanligini yurakdan his etadi. Ammo mardlik qilib buni ochiq aytadiganlar kam. Sababi esa u taniganlar va u bilganlarning okean naryog’ida qolganlari AQShni sevmasliklarida yoki ertaga meni ham xoin, deb atashmasin, deb cho’chiganlarida.

Agar sizni Amerika qoniqtirmasa u holda nega bu yerdan ketmaysiz? Uni ichdan buzish uchun-mi? Unga ziyon etkazish uchun-mi? Agar siz falastinlikni haq deb bilsangiz, u holda nega Amerikani tanladingiz, Falastinni emas? Bu ziddiyat. Bir tomondan Amerika sizni tahlikadan asrab qoldi, uni vatan qildingiz, ikkinchi tomondan undan hazar qilasiz. Bu sizning bugungi kundagi eng katta fojeangiz. Bu bilan nafaqat o’zingizni, balki boshqa musulmonlarni ham yomon otliq qilayapsiz.

Toshkentda yashab turgan muhojirlar to’planib, O’zbekistondan hazar qilib, miting o’tkazishini tasavvur qila olmayman. Hukumat u yoqda tursin, ko’chada o’tib qaytayotgan o’zbeklar bu muhojirlarning ta’zirini berib qo’yishi, “Uyinga yo’qol!” deyishi turgan gap. Barcha musulmon davlatlarida ham shunday. Demak,  nega biz Amerikaga sevgimizni yashirishimiz kerak?

Axir mamlakatimizga xat yozganda, telefon qilganda u yerdagilar mehnatiga yarasha haq ololmayotgani, zulm ostida ezilayotgani, uy-joy, boylik orzu bo’lib qolayotganiga achinib “Amerikaga kelsang-chi!” demaymizmi? Lekin AQSh uchqichlari Afg’oniston uzra uchganda “Badbaxtlar musulmonlarni o’ldirishmoqda”, deydigan ham ko’p. Vaholanki badbaxt aslida binladenchilar va ularning tarafdorlari. Ularning AQSh ga qarshi nafratlari islom dini bilan bog’liq emas, yo’qotgan boyliklari bilan bog’liq. Ular alamzadaliklarini yashirib o’z atroflarida odamlarni birlashtirish uchun ummatchilik o’yinini qildilar. Agar binladenchilar samimiy bo’lishganda “Butun har amerikalik dushmanimiz va uni ko’rgan joyingizda o’ldiring” deb buyurmagan bo’lishardi. Amerikada bir necha million musulmon borligini nima, u bilmaydimi? Bilardi va sizu bizdan yaxshi bilardi. Bu yerdagi musulmonlar dunyodagi eng erkin musulmonlar ekanligi va eng tez ko’payotganini ham yaxshi bilardi. U shuningdek, qonli hujumlaridan keyin bu musulmonlarga oson bo’lmasligini ham yaxshi bilardi. Shunday ekan, bu yerda islom dini va binladenchilarni ajratib olish kerak.

2001 yilning 11-sentyabr hujumi asli mohiyati bilan Amerikaga qarshi emas, islomga, musulmonlarga qarshi hujum bo’lgandi. Maqsadim bunday battol hujumning mualliflari haqida yozish emas. Maqsadim Amerikadagi musulmon muhojirlar haqida yozishdir. Saudiya Arabistoni bo’ladimi, Liviya bo’ladimi, Suriya va yoki Eronu Iroq bo’ladimi, asl kelib chiqishingiz qaerdan bo’lsa o’sha joyni seving, bu sizga Amerika tarafidan berilgan erkinlik, lekin ayni paytda siz kelgan, quchoq ochib kutib olgan, qorningizni to’q, eganingizni but qilgan ikkinchi vatanga ham sevgingizni darig’ tutmang!

O’zbeklarning bir maqoli bor: “Bir kun tuz egan joyingga qirq kun salom ber”. Siz bu yerda qirq kun emas, qirq yildan va undan ko’proq muddatdan beri non emoqdasiz va bundan keyin ham eysiz. Bu yerni siz vatan deb qabul qila olmasangiz, farzandlaringizning, nevaralaringizning vatani bu. Shunday ekan, o’zimiz tug’ilgan, ota bobolarimiz tug’ilgan zaminga mehrimiz bir chandon bo’lsa, bu zaminga sevgimiz o’n chandon bo’lishi kerak emasmi?

Bugun Amerika ana shu sevgimizga muhtoj va biz uni ko’rsatishimiz kerak. Amerikadan nafrat qilsak, demak o’zimizdan nafrat qilgan bo’lamiz. Amerikada yashab, undan nafrat qilgan odam bir paytlar o’zi tashlab chiqib kelgan mamlakatini ham seva olmaydi. Uning gaplari yolg’on. Unday odamning samimiyatiga shubha qilaman.

Malayziyadagi o’zbekka yana bir bor takrorlayman: agar siz erkin bir joy izlasangiz hali ham Amerikadan erkinroq joy topa olmaysiz. Faqat kelishingizdan oldin o’ylab ko’ring. Bu yerga kelsangiz, nafrat bilan emas, balki sevgi bilan keling. O’shanda bu mamlakatda o’z o’rningizni topasiz va uning bugun hamda kelajagida ishtirok etasiz.

2004.

Sport va siyosat

SAVOL: Olimpiada o’yinlari haqida Amerika hamda O’zbekiston misolida nima deyishingiz mumkin? (Rasul).

JAVOB: Hamma narsaga mantiq ko’zi bilan qaraganim uchun sportning ba’zi turlariga unchalik qiziqishim yo’q. Sport ham hayotning bir bo’lagi, hayot-maot  emas.

Ammo Olimpiada o’yinlarini kuzatib boraman. Juda ko’p mamlakatlar qatori O’zbekistonda ham sportni siyosiy maqsadlarda foydalanish odat bo’lib bormoqda. Amerikada esa sport eng avvalo sportchining shaxsiy ishi, uning pul topish manbai. Shu bois ham xalqaro o’yinlar oldidan amerikalik sportchilar vatanim sharafini himoya qilishga bormoqdaman, deb ko’kraklariga urmaydilar. Bunday gaplarni ko’proq askarlar aytadilar. Sportchilar nima qilsam ham yutaman, bu mening hayotim, bu mening kelajagim, bu mening taqdirim, deb o’ylaydilar. Shu bois ular jo’nab ketar ekanlar, prezident yoki hukumat rahbarlari nutq so’zlamaydilar, yutganlarida  telegrammalar yubormaydilar, xat yozmaydilar, ordenlar berish haqida farmon chiqarmaydilar, ularning ishiga aralashadigan Sport komiteti ham yo’q.

Ba’zan ba’zi siyosatchilar sportdan ham foydalanib qolishga urinib turadilar.

Lekin sport erkin soha va uni mustaqil tashkilotlar boshqaradilar. Maktablar, oliy o’quv yurtlari, ota-onalar bu masalaga katta e’tibor beradilar. Sportda ham salomatlik, ham daromadlik yonma-yon.

Olimpiada o’yinlarida Amerikaning eng ko’p yutuqlarni qo’lga kiritishi u yerga borgan har bir amerikalikning o’zi bir erkin Amerika ekanidadir. Qachonki Olimpiadaga boradigan har bir o’zbekistonlikning ham o’zi bir erkin O’zbekiston bo’lganda balki oltin, kumush, bronza medallari Toshkentga tomon “oqishi” mumkin.

Kelajakda O’zbekistondan ham dunyo taniydigan kuchli sportchilar chiqishiga ishonaman.

2004.

So’roqnomlar

SAVOL: Internet saytlaridagi “survey”-so’rovnomalar  haqida nima deya olasiz (Zaynobiddin).

JAVOB: Bu ham bir rangba-ranglik. Lekin so’rovnomalarga ishonmayman. Ular haqiqatni aks ettirmaydilar. Hatto demokratik va rivojlangan davlatlarda ham so’rovnomalarga javob beruvchiar o’z manafaatlarini nazarda tutgan holda savolga boshqa javob berib, amalda boshqa ish qilishlari mumkin.

Internetda esa bu bir g’irrom siyosatga o’xshaydi. Ya’ni boshqalarni ham, o’z-o’zini ham aldash. Masalan, so’rovnomani e’lon qilgan veb sahifalarga kirib ko’ring va birortasida o’sha sahifa egalarining maqsadiga qarshi ko’proq ovoz berilganini ko’rmaysiz. Aksincha “o’zlarini” qo’llaganlar ko’p va raqiblarini qo’llaganlar kam. Buning sababi esa oddiy. Ular har kuni o’z sahifalariga kirganlarida o’zlari uchun ovoz berib qo’yaveradilar…

So’rovnomalar ikki xil bo’ladi. Birida siz faqat bir marta ovoz bera olasiz va siz ovoz bergan kompyuterdan boshqa signal qabul qilinmaydi. Ammo bu cheklov veb sahifani yurituvchilarga taalluqli emas. Ikkinchisi esa juda sodda o’quvchilar uchun mo’ljallangan va istagan odam istagani qadar ovoz beraveradi.

Endi demokratiyaga o’tayotgan mamlakatlarda siyosiy partiyalar turli so’rov tashkilotlari orqali xalqni o’z orqalaridan ergashtirishga urinadilar. Masalan, so’rov natijalariga ko’ra falon partiya ko’p ovoz olibdi, mening ovozim nimani ham hal qilar edi, men ham unga qo’shilaman, degan fikr uyg’otishni istaydilar. Ba’zan bunga muvaffaq bo’ladilar, ammo bora-bora odamlar so’rovlar natijalariga ishonmaydilar. Bu esa mazkur ish bilan shug’ullanadigan tashkilotlarni adolatli ishlashga chorlaydi. Amerikada shunday tashkilotlarning ishiga asosan saylov natijalariga qarab baho berishadi. Agar o’rtada katta farq chiqib qolsa, bu tashkilotning kelajagi bitadi.

Qisqa qilib so’rovnomalarni so’roq(“?”)nomalar deya izohlash mumkin.

2004.

Yozish qiyin… yozmaslik oson…

SAVOL: Sizga yozish qiyin… yozmaslik oson… Nima uchun ovozingiz mungli? (Nizomiddin).

JAVOB: Yozish qiyin. Yozmaslik oson bo’lishiga qaramay qiyin yo’lni tanlaganingiz quvonarli hol. Ba’zan juda qisqa maktublar ham juda katta ma’nolarni tashiydilar.

Ovoz masalasida: xalqimiz o’zining eng og’ir kunlarini yashayotgan bir paytda sizga yuzlanib, ovozingiz mamnuniyat bilan to’la,  desa balki ranjigan bo’lardingiz.  bugun quvonadigan holat oz. Balki ko’rolmayotgandirmiz. Bir kun kelib ovoz mungdan ajralsa ne baxt?! Kim ham mungga bog’lanib qolishni istaydi? Kim ham quvonishni istamaydi?

Oddiy narsalardan quvonib, oddiy narsalardan ranjib yurish haqida gap borayotgani yo’q. Gap kishining o’zligiga rangi inuvchi  ulkan dard haqida bormoqda.  Bu biz ham bir parchasi bo’lgan xalqning dardidir. Uni ko’ra olish, his qila bilish, elkaga yuklash, uning azoblari qo’ynida ezilish ne darig’ki bizga “nasib” etgan ekan.

Niyatimiz sof: kelajak avlod bu darddan, bu azobdan forig’ bo’lsin!

Ha, bizga yozish qiyin… yozmaslik oson… Lekin qiyin yo’lni tanlayotganlar soni ko’payib bormoqda.

Bu esa yorug’ kunlarning, dardning chekinishining ibtidosidir.

2004.

Qo’rquv sinmoqda

SAVOL: Siz Amerikaga kelgan juda ko’p o’zbeklar bilan uchrashib turaman, deb yozibsiz. Ular siz bilan uchrashishga qo’rqmaydilarmi?(Go’zal).

JAVOB: Kamina ham ko’plar qatori bir oddiy odam, har holda qo’rqinchli bo’lmasam kerak.

Bu masalaning bir tomoni, ikkinchi  tomoni shu-ki, xalqimga, Vatanimga, insoniyatga qarshi biror jinoyat qilganim yo’q va biror jinoyati uchun qochib yurgan odam ham emasman.

Bugunga qadar vijdonimga qarshi va vijdonimni qiynaydigan biror nomaqbul harakatga qo’l urganim yo’q. Shukur Xudoyimga! Vijdon buyurganini aytganim, xalq va vatanga yaxshilik keladigan yo’lga tomon odimlaganim uchun kimlargadir yoqmadim. Buning uchun o’ksinmayman. Quvg’in etishdi, tuhmat qilishdi, qora chaplamoqchi bo’lishdi. Ammo vaqt ko’rsatdi-ki, jinoyat, qabihlik, adolatsizlik tomonida emas, balki adolat, haqiqat, rostgo’ylik tomonida turgan va shu yo’ldan hech qaytmasdan, ikkilanmasdan o’z so’zini aytgan odam ajrini shu hayotdaligdayoq olarkan.

Hamma vaqt odamlarga jinoiy yo’lni emas, qonuniy yo’lni tavsiya etdim. Hamma vaqt diktaturani emas, demokratiyani yoqladim. Bundan keyin ham shunday bo’ladi va buni bilganlarning ba’zilari uchrashishga qo’rqadilar, ba’zilari qo’rqmaydilar. Bu ularning vakolatiga oid. Shukrki, qo’rqmaydiganlar ko’paymoqda.

Ilgarilari “Uchrashib qolsak, keyin hukumat avlod-ajdodimiz bilan quritib yuboradi” deb mulohazaga borganlar bo’lgan va bugun ham balki bor bordir? Qo’rqqan hatto o’z soyasidan ham qo’rqadi. Bir kishi doim “Nega unday qilmaysiz? Nega bunday qilmaysiz?” deb xat yozadi. Ammo o’zi bir narsa yozish u yoqda tursin, hatto ismini ochiq aytishdan qo’rqadi. Albatta, bundaylar bilan uchrashishga ham xoxish yo’q.

Biz bilan uchrashgan o’zbeklarning hammasini tergovga tortish, quvg’in qilish bilan shug’ullanganda hukumatning boshqa ishga vaqti qolmagan bo’lardi.

Qolaversa, keyingi paytda O’zbekistondan ochiq maktub yozayotganlar juda ko’payib ketgani va Amerikaga kelayotgan o’zbeklar uchrashishga intilishlari odamlarda ichki qo’rquv sinmasa ham sinish tomon borayotganini ko’rsatadi.

Yaqinda bir telejurnalist yigit keldi. Uning qaytib ketgandan keyin yozgan elektron xatidan bir parcha keltirmoqchiman, bu ko’p narsani oydinlashtiradi:

“Vatanga yaxshi etib keldim. Hammasi joyida. Faqat qaytishim bilan bu yerdagi muhitga yana qayta moslashishim juda qiyin bo’ldi. Chunki O’zbekistonda aytarli o’zgarish bo’lmagan, xalqning ahvoli avvalgidan-da xaroblashgan, iqtisodiy qiyinchiliklar hamon davom etyapti. Kelib ko’rdimki, odamlar mavjud tuzumdan nihoyatda norozi, sabr kosalari to’lib borayotir. Hozirda 2 ta odam yig’ilsa, darrov siyosatdan gap ochiladi va ochiqchasiga yozg’irishayotganiga guvoh bo’lyapman. Oddiy qishloq odamidan tortib, manaman degan olim-u ziyolilargacha—hamma-hamma mavjud rejimdan nihoyatda norozi va buni yashirmaydilar ham. Xullas, vaziyat tobora izdan chiqib boryapti.

Mayli, bu gaplar siz uchun yangilik emas. Vatandan uzoqda bo’lsangiz-da bularni mendan yaxshiroq bilasiz. Sizni yaqin kelajakda Vatanda ko’rishni Xudodan so’raymiz, barchamiz. Shu jabrdiyda xalqning ahvolini o’z ko’zingiz bilan ko’rish nasib etsin, iloyim.

Siz bilan uchrashib, uyingizda mehmon bo’lganim haqida dadamga aytdim. Avvaliga qo’rqib ketdilar, keyin judayam xursand bo’ldilar. Jahongir Mamatovday odam bilan uchrashibsan, zo’r ish bo’pti, faqat buni hech kimga aytma, deb qattiq tayinladilar. Keyin siz haqingizda gapirib ketdilar. Bildimki, hali sizni juda yaxshi eslarkan, eslagandayam minnatdor bo’lib, haqiqatgo’y odam edilar, deb xotirlashakan.

Men qattiq ishonamanki, vaziyat shundayligicha qolib ketmaydi. Hali haqiqiy ma’nodagi dorilomon kunlar albatta keladi”.

Ovmin! Shu muhtaram, qobiliyatli ukamizning aytgani kelsin! Aslida savolga javob ham shu ukamizning xatida mujassam.

2004.

Oraga manfaat kirsa…

SAVOL: Xudoga, dinga ishonganini pesh qilish ham siyosat emas-mi? (Nazira).

JAVOB: Aslida hamma narsaning siyosiy tomonlari bo’ladi. Hatto nafas olish ham siyosat bo’lishi mumkin. Agar uning ortida qandaydir manfaat bekingan bo’lsa.

Xudoga ishonish masalasiga kelganda kimning qay darajada ishonishini Xudoning o’zi biladi. Bu xususda bandalari hakamlik qilish vakolatiga ega emas. Shunday ekan, “Men bu qadar ishonaman, sen esa u qadar” deyish ham Xudoning vakolatiga sheriklik qilish, ya’ni shak keltirish demakdir. Ammo bu masalani siyosiy maqsadlarda qo’llanuvchilarga buning farqi yo’q. Ular o’zlarini hakami mutloq deb hisoblaydilar va hatto bir begunohni ham dinsiz deb hukm  chiqaraveradilar.

Bir rivoyat yodimga tushdi. Bandalardan biri har kuni ibodatlarini vaqtida qilar va boshqa farzlarni ham qoidasi bilan ado etar ekan, ammo qo’shnisi beparvo, o’z ishi bilan band. Ibodatgo’y  har kuni qo’shnisiga dakki berib, “Sen Xudoga ishonmaysan” der va bu gapini mahalla ko’yda ham takrorlab “Men ibodatimni vaqtida qilaman, falonchi esa qilmaydi” der ekan. Ular o’lganlaridan keyin ulamolardan biri, “Har holda ibodatgo’y  jazosini olgan bo’lsa kerak?’ debdi. Uning bu gapiga hayron bo’lishibdi. Shunda fozil kishi:  “U Xudoga ishonishini siyosatga aylantirgan edi-da. Agar vaqtida ibodat qilsa, bu, jumladan, Xudodan o’zining gunohlarini avf etishni so’rash, u dunyodan yaxshiroq joy olish uchun intilishdir, ya’ni mutloq o’zi bilan bog’liq vaziyat. Bu har kimning haqqi. Ammo buni pesh qilib, qo’shnisini ayblagani bilan gunohga botdi” degan ekan.

Bu bir rivoyat. Lekin bir kishi Xudoga ishonganini, dinga ishonganini pesh qilib, amalda odamlarga yomonlik ravo ko’rsa, ig’vo bo’htonlarga zamin yaratsa, yaxshilikning ko’chasidan o’tmasa, faqat o’zini o’ylasa va boshqalarni Xudoga ishonmaydigan deb bilsa, u odamning siyosiy, oniy manfaatlari bordir. Yaxshilab o’rganib chiqsangiz u o’tmishda Xudoga qarshi chiqqan bo’lishi va kelajakda yana shu yo’liga qaytishi yoki aksi ham bo’lishi mumkin. Chunki manfaat odamni turli kuylarga soladi. Oraga manfaat kirganda samimiylik yo’qoladi.

Xullas, nazarimda Xudoga, dinga ishonganini pesh qilaverish kattagina siyosatdir.

2004.

Ovozi yoqimli

SAVOL:Yaqinda san’atkor Yulduz Usmonova Amerikaga borib keldi. Shu haqda so’ramoqchi edim… (Abdurasul).

JAVOB: Yulduz Usmonova kelib ketgani haqida eshitgandim. Uning “O’zbekiston demokratiyasi dunyodagi eng ibratli demokratiya ekani” haqidagi intervyusi borasida ham eshitgandim. Amerikada yashaydigan buxorolik yahudiylar jamoasi tez-tez O’zbekistondan san’atkorlarni olib kelib turadilar. Bu ularning an’anasiga aylangan.

Kontsertida Yulduz Usmonova vatandan chiqib ketganlarni “xoinlar”, “vatanfurushlar”, “tuproqgadolar” deb atagan qo’shig’ini ham ijro etdimi, yo’qmi, bilmayman.

U bir “sapchib” maddohlar sirasiga kirganda “O’zbekiston qahramoni” unvoni olmaganiga ajablangandim. Chunki maddohlik borasidagi xizmatlari oldingi “qahramon”lardan oshsa oshdi-ki, kam emas.

Uning bir paytlar “Shohni ham gadoni ham bir yo’lda ko’r, bir yo’lda” degan qo’shig’i bo’lardi. Bu qo’shig’i bilan hammani aqlga chaqirib, o’ziga qolganda boshqa yo’lni tanladi.

Xalq san’atkorlar, adiblar, ziyolilarga juda ishonadi. Buni bilgan zolim rejimlar xalqni aldashda ularni qo’llanadilar. Shu bois bir millatning boshiga og’ir kunlar tushgan bo’lsa, bu ofatning aravasini tortib kelganlar begona emas, shu millatning “gullari”, “yulduzlari” ekanligini ham bilish kerak.

Ammo Yulduz bugun zamin, ertaga osmon, bugun suv, ertaga olov. Qolaversa, ovozi yoqimli. Hamma ham yoqimli narsadan yuz  o’giravermaydi. 2004.

Kimning kimligini biladilar

SAVOL: Amerikaga borayotgan o’zbeklarni tanisangiz ham tanimasangiz ham uchrashaversangiz, ulardan ba’zilari MXX odami bo’lsa nima qilasiz? (Ahmad).

JAVOB: Avvalo tanisam ham tanimasam ham uchrashaveraman, demagandim.

Qolaversa MXX da ishlaydiganlarni ko’p ham axmoq deb o’ylash kerak emas. Ular kimni qo’lga olish, kimni olish mumkin emasligini yaxshi bilsalar kerak. Bu birinchidan.

Ikkinchidan esa, agar har qanday odamlari kelgan taqdirda ham u qarashlarimni suyab turgan kuchli va mantiqli dalillarimdan keyin  diktaturaga qarshi kurashchi  bo’lib qolishidan, demokratiyaga yon bosishidan cho’chiydilar.

Uchinchidan,  yashiradigan bir narsam yo’q. Aytadigan gapimning hammasini ochiq aytmoqdaman va siz kabi ular ham bemalol o’qish imkoniga egadirlar.

To’rtinchidan, bunday usullarni  Amerika darhol payqab qolishini ham biladilar. Demakki, ularning manfaatiga zid.

Shunday ekan, ortiqcha bosh og’rig’i nima uchun kerak, ularga?!

2004.

Kelajakning bayrami

SAVOL: Mustaqillik bayramini qanday nishonladingiz? (Manzura).

JAVOB: Mustaqillik bayramini 20 iyunda nishonlagan edim. Chunki 1990 yilning shu kuni O’zbekiston Oliy Kengashi tomonidan Mustaqillik deklaratsiyasi e’lon qilingan va katta bayram bo’lgan. Men bu hodisaning bevosita ishtirokchisi bo’lganim uchun ham bu kunning ahamiyatini yaxshi anglayman.

Ammo oradan bir yil o’tib, bu masalani Islom Karimov ko’tarib chiqqanda  hatto bitta deputat ham qarsak chalmadi. Shunda u “Nega qarsak chalmayapsizlar?” deb so’ragan ham edi.

Mustaqillik ilk e’lon qilinganda Sovet tuzumi hali oyoqda va bu odim jasorat, kurash, qullikka qarshi isyon ramzi edi. Shu bois hamma quvongandi, bayram qilgandi.

Ammo ikkinchi bor e’lon qilinganda, Sovet tuzumi yiqilib bo’lgan va bu odim qo’lga kiritilgan Mustaqillikni bir shaxsning mahriga bog’lash edi, shu bois ham hech kim quvonmagandi.

Ishonamanki, kelajak bu bayram masalasida o’z qarorini baribir chiqaradi.

2004.

Stalinchilar

SAVOL: Rossiyadagi maktabda yuzlab bolalar o’ldirilgani fojeasiga qanday munosabat bildirasiz?(Orifjon).

JAVOB: Bir so’z bilan aytganda “Dahshat!” bu!

…Yaqinda AQShning Ey-bi-si televideniesi “Jyuri xonasida” degan bir turkum ko’rsatuvlar boshlatdi. Mavzu suddagi voqealar va hukm chiqarishda xalq maslahatchilari(jyuri a’zolari)ning o’rni haqida.

Ko’rsatuvlardan biridagi voqea shunday: o’rta yoshli ayol mashinasida ziyofatga boradi, ichkilik ichadi, mast bo’ladi va qaytayotganda qarshisidan kelayotgan mototsiklni urib yuboradi. Mototsiklda bo’lgan ota tirik qolib, 17 yoshli o’g’li halok bo’ladi. Ota yolg’iz, bu dunyoda suyangan tog’i faqat shu o’g’li ekan. Xalq maslahatchilari mashina haydagan ayolni aybdor deb topib, umrbod qamoq jazosini talab qildilar. Sudga kelgan yolg’iz ota oxirida so’z olib, lablari titrab, ko’zida yosh halqalanib, “Ayolning gunohini men kechirdim, sizlar ham kechiringlar”, deb yolvordi.

Undan “Shu paytga qadar o’lim jazosi berilishini talab qilayotgan eding, nega endi  gunohidan o’tishni istayapsan?” deb so’rashganida, u “Ayolning yoshgina qizchasi bor ekan, uning ko’z yoshlariga chiday olmadim, yana bir bola xarob bo’lishini istamadim”-dedi. Bu irodali, sog’lom inson ruhiyatining in’ikosi.

Putin Chechenistonda zulm mashinasini yurgizmoqda…

Chechen bolalari, onalari o’lmoqdalar…

Chechen xalqi qirilib ketmoqda. Bunga qarab turib bo’lmaydi. Buni butun dunyo qoralab kelmoqda.

Lekin buning uchun begunoh go’daklarni asir olish, uch kun suvsiz-ovqatsiz saqlash, ularga qarshi o’q otish… buni tushuna olmayman va qabul ham qila olmayman. Buni qabul qiladigan insonning ruhiyatida qandaydir nuqs bor. Frantsiyadagi hijob masalasining ilk bor maktabga borish quvonchini yashayotgan bolaga nima aloqasi bor?! Arablarning Chechen kelajagiga nima daxli bor? Qamoqqa olingan chechenlarning endi alifboni o’rganishga boshlagan go’dakka qanday taalluqli eri bor?

Bolalarni garovga olish bilan Chechenistonni mustaqil qilish  yo’lidagi g’ovni yanada kuchlantirishga xizmat qilinajagini tushunish uchun u qadar aqlli bo’lish ham talab qilinmaydi. Bunday harakatlar faqat nafrat olib keladi, zulmni kuchaytiradi, yana qon to’kilishi uchun zamin yaratadi.

Bolalar, go’daklarni o’ldirib, ularning qoni bilan bo’yalgan mustaqillikning kimga keragi bor?

Bu savolim “Mustaqillik avval, jon keyin!” deydiganlarga yoqmaydi. Ammo  shunday shior bilan chiqqanlarning ko’pini ko’rdim, ular mustaqil bo’lgan o’lkalarini tashlab ketdilar yoki tashlab ketmoq majburiyatida qoldilar. Nima uchun? Jonlarini saqlash uchun. Qancha-qancha mamlakatlarda ham odamlar mustaqil o’lkalarini tashlab qochmoqdalar, jonlarini saqlash uchun  Demakki, inson joni, inson hayoti oldinda turar ekan…

Bir latifa yodimga tushdi.

Stalin “Vatan uchun olg’a!”- degan ekan, hamma o’zini o’tga otibdi. Bir kishi okopda qolibdi.

-Sen nega Vatan uchun maydonga chiqmading?-deb so’rabdi undan yarador askar.

-Men  ham o’lsam, Vatan kimga qoladi?-deb javob qilibdi u.

-Kimga? Stalinga!- deb jon bergan ekan yarador askar.

“Stalin”lar emin-erkin, farovon yashashi uchun begunoh bolalarni garovga olish va o’ldirishning nomi mustaqillik  yo’lidagi kurash bo’ladigan bo’lsa, sizni bilmadimu lekin bunday kurashni qoralayman!

“Mustaqilik uchun kurashning qonsiz yo’li ham bor!… Agar Sizga inson umrining ahamiyati bo’lsa, mening yo’limni tanlashingiz kerak!”- degandi Gandi.

Tabiiyki Putin kabilarning ham aybi katta. Putinlar ham stalinlarning bir turi. Aks taqdirda shuncha bolani qutqarishning yo’lini topgan bo’lardilar. Ularga ham inson umrining ahamiyati qolmagan! Terrorchilar esa ularning tegirmoniga suv quymoqdalar, zulmning tegirmon toshi yurib turishiga xizmat qilib bermoqdalar…

2004.

Sayt haqida

SAVOL: Saytingizni yuritish uchun Amerikaning qaysi tashkilotidan grant olasiz? (Dildora).

JAVOB: Sahifamni shaxsan mehnat qilib topgan pulim evaziga yuritaman. Ba’zilar kabi turli bahonalar qilib, grant olib ham yuritish mumkin. Lekin bu  muttahamchilik bo’ladi.  Agar jamoatchilik sahifasi bo’lganda ham boshqa gap edi. Bu shaxsiy sahifam bo’lgani uchun uning masraflari ham o’z bo’ynimda bo’lishi kerak  Agar yaxshilikka xizmat qilsa, haqiqatni topishda kimgadir, qandaydir foydasi tegsa  demak shuning savobi etadi.

Darvoqe, hech qanday pul sarflamasdan boshqalar yaratgan maydonlarda ham veb sahifa ochish mumkin. Ammo unda ularga qaram bo’lib qolasiz. Masalan, reklamalarini suqadilar. Reklamalari qarashlaringizga zid bo’lsa ham hech narsa qila olmaysiz. Istagan paytda sizga tazyiq o’tkazishlari ham mumkin yoki sizning nomingizni qo’llanib ular grant olib yuradilar va hokazo.Qaram bo’lib yurmaslik esa har doim ham mushkul. Lekin baribir erkin bo’lishning gashti boshqacha.

Grant hisobiga yuritiladigan o’zbek tilidagi veb sahifalar ko’p. Ammo ular pul talashi chiqib qoladi, deb bu haqda gap ochmaydilar. Ya’ni boshqalarni ishlatib, grantni esa o’zlarining mulklariga aylantirib olganlari ochilib qolishidan qo’rqadilar. Lekin baribir bir kuni hammasi ayon bo’ladi, xuddi Leninga revolyutsiya qilishi uchun pul berganlarning ro’yxati tarix kitoblaridan o’rin olgani kabi.

2004.

Yomondan yaxshiga

SAVOL: Birinchi yozgan maqolangiz yoki she’ringizni eslay olasizmi, u nima haqda bo’lgan? (Zulfiya).

JAVOB: Aynan falon maqolam birinchisi edi yoki mana bu she’rim ilk yozilgandi, deb aytishim qiyin. Chunki ilk bor maqola yozganimda juda yosh edim. Aslida u maqola ham bo’lmagan. O’qituvchimiz qaysi bir mavzuda erkin ish yozdirgan va meniki sinfda eng yaxshi deb topilgandi. O’shanda hali maktabning o’rta sinfida o’qir edim va yozgan narsamni qaytadan qog’ozga tushirib pochtachi Hakim akaning yordami bilan Samarqand tumanining “Sharq tongi” gazetasiga yuborganman.

Gazetaning to’rtinchi sahifasida 3-4 qatorli bir narsa chiqqan va unga 44 tiyin qalam haqi ham kelgan. Shundan keyin maktabni tugatgunga qadar bu va viloyat, respublika gazetalarida besh yuzdan ziyod “yozganlarim” chiqqan.

O’sha kezlari Toshkent Davlat universitetining Jurnalistika fakultetiga kiruvchilardan matbuotda chiqqan maqolalarini to’plab, albom shaklida qabul komissiyasiga olib kelish qoidasi bor edi. Biz o’qishga kirgan yili keyinchalik bizga dars bergan domlamiz Muxtor Xudoyqulov qabul komissiyasida ekan va to’plab kelgan maqolalar, she’rlar, kichik hikoyalarimni ko’rib birga kelgan rahmatli onamga “O’g’lingiz o’qimasa ham bo’larkan, allaqachon yozish planini to’ldirib qo’yibdi” degandi.

Maktabdagi “jurnalist”ligimdan bir voqea yodimga tushdi. Rasulov degan o’qituvchimiz bor edi va hamma undan qo’rqardi. Bolalar nos, papiros chekishsa, lanka o’ynashsa, qo’ng’iroq chalinganiga qaramasdan darsga kirishmasa u hech narsa demasdan qo’lning qo’ltiqqa yaqin joyidan shunday chimchilar edi-ki, qutilib qochish mumkin bo’lmay, ko’zning kiprigi yulduzchalarga aylanib ketardi. Qo’lning o’sha joyi ikki-uch haftaga qadar qop-qora bo’lib turardi. Hamma bola, jumladan men ham Rasulovdan nafrat qilardim.

Yozganlarimni “Sharq tongi” gazetasining Madaniyat bo’lim mudiri Abdusalom Muhammadalievga olib borardim. Bir borishimda Qishloq xo’jalik bo’limida ishlaydigan jurnalist Ergash Sultonov maktabimizning makkajo’xori etishtiradigan brigadasi haqida  maqola yozishni so’radi.

Darsdan keyin dalaga bordim. Dala Toshkent-Termez shoh yo’lining yaqinida edi. Borsam,  bir oyoqyalang, semiz kishi boshini ro’molcha bilan bog’lab olib, makkajo’xorizorga suv quyayotgan ekan. Tanidim,  Rasulov edi. Yoniga borgim kelmadi. Ammo u ko’rib qolib, chaqirdi va nimaga kelganimni so’radi. Qo’rqib, qaltirab maqsadimni aytdim. U qo’lbola supaga taklif qildi, u yerda o’nga yaqin bitiruvchilar dars qilib o’tirishgandi.

Rasulov  bir piyola choy uzatib, erinmasdan ko’p narsani gapirib, tushuntirib berdi. Bolalar ko’zlarining tagidan menga qarab qo’yishardi. Ular darsdan keyin ishlab, maktabning yangi binosi uchun pul to’playotgan ekanlar. Rasulov ularga bitirish imtihonlariga tayyorgarlik qilish uchun imkon yaratib, ularning o’rniga o’zi ishlayotgan ekan.

Qo’limdagi 12 varaqlik daftarim to’lib ketdi. Biz gaplashib o’tirganda dalaning bir qismini suv bosibdi. Qo’rqib ketdim. Rasulov yaqinlashar ekan, hozir qo’limdan chimchib oladi, deb o’yladim, u esa boshimni silab:

-Qo’rqma, biz makkani silos uchun etishtirayapmiz, suvlik bo’ladi,- deb jilmaydi.

Unga bo’lgan nafratim, hurmat tomonga og’a boshladi. Hozirga qadar birovdan nafrat qilsam shu voqea esimga tushadi va balki o’sha odamning hali men bilmagan yaxshi tomonlari bo’lsa-chi, deb o’ylab qolaman.

2004.

To’yi mavzu emas, azasi mavzu

SAVOL: Keyingi yillarda yuz berayotgan dahshatli voqealar dunyoning oxiri kelganidan belgi emas-mi? (Rustam).

JAVOB: Optimistman. Menimcha “Dunyoning oxiri kelmoqda”, deyish bu kelajakdan umidni uzishdir. Lekin Dunyoning oxiri kelib-kelmagani bizning qo’limizda emasligini va bizning qarashlarimizga bog’liq bo’lmaganini hisobga olsak, yana Yaratganning o’zi biladi.

Keyingi yillarda yuz bergan dahshatli fojealar, ofatlar, halokatlar Dunyo paydo bo’lganidan beri u boshidan kechirganlari oldida hech narsadek gap. Qora dengiz ostida qolgan mamlakatdan boshlab, Orol tagida ko’milgan shaharga qadar qanchadan-qancha ofatlarda millionlab odamlar yo’qolib ketganlar. Zilzilalar, ko’chkilar va nihoyat tinimsiz urushlar…

Faqat bugun dunyoning bir burchagida suv ikki kishini oqizib ketsa ham darhol xabarini eshitamiz.

Xabarning asosi voqea bo’lgani uchun har kuni, har soatda bir fojea haqida eshitib, o’qib bormoqdamiz. Buning ustiga voqeaning ipidan ignasigacha televideniedan ko’rish imkoni ham mavjud. Buning inson ruhiyatiga ta’siri katta. Dunyo ulkan va to’yi bilan azasi yonma-yon. To’yi mavzu emas, azasi mavzu. Shu bois ba’zilarga Dunyoning oxiri kelgandek tuyuladi.

Tarix kitoblarini varaqlasangiz, bugungilardan ham dahshatli voqealar haqida o’qiysiz. Shunday millionlab misollardan faqat bittasi haqida Abu Bakr Muhammad ibn Ja’far  Narshaxiyning “Buxoro tarixi” kitobi(“Fan” nashriyoti,Toshkent,1996, 44 bet)da o’qishingiz mumkin. Muallif arabl bosqinchiligi haqida to’xtalar ekan, jumladan shunday misol keltiradi:

“Qutayba Xunbunga etib kelganda, unga “Hisorning kishilari qo’zg’olon qilib, amirni o’ldirdi”, degan xabarni etkazadilar. Qutayba lashkariga “Boringlar, Baykanni talon-taroj qilinglar, ularning qonlarini (to’kishni) va mollarini (olishni) halol qildim” deb buyruq berdi. (Qo’zg’olon) sababi shu edi: baykandlik bir kishining sohibjamol ikki qizi bor edi. Varqo ibn Nasr ikkalasini ham o’ziga oldi, shunda u kishi, “Baykand katta shahar, nima uchun sen butun shahardan faqat mening ikki qizimni tanlab olasan?”-dedi. Varqo javob bermadi, u kishi sakrab turib Varqoning kindigiga pichoq urdi, lekin bundan bir ish chiqmadi- Varqo o’lmay qoldi. Bu xabar Qutaybaga etgach, u qaytib Baykandga keldi va u yerda kimki urushga yaroqli bo’lsa, hammasini oldirdi va qolganlarini asir qilib oldi, shunday qilib, Baykandda hech kim qolmadi va Baykand xarob bo’ldi…”

Xullas, Dunyo bizga qadar ham bor edi va bizdan keyin ham bo’ladi, tabiiyki fojealari bilan.

2004.

Ishonch yo’qolgan

SAVOL: “Harakat” jurnalidagi ”Muxolifat nima qilishi kerak, nima  qilmoqda?” [3-(48)-2004]  degan maqolada: “Amerika ovozi” radiosining Vashingtondagi markaziy ofisida ishlaydigan o’zbek jurnalistlari esa O’zbekistondagi muxbirlariga “Muxolifatga yaqin bo’lsang ishdan haydaymiz” deb tahdid qilib turishdan ham cho’chishmagan” deyiladi. Shu gapga nima deysiz? Radio yopilib ketganiga qaramay bunga javob berishingiz mumkinmi? (Abrorxon).

JAVOB:  Bu savolni radio yopilmasdan oldin berganingizda ham javob berish mumkin edi. Iddaoda qisman jon bor. Gap shundaki, radio kimlarningdir shaxsiy manfaatlari yo’lida qurol bo’lib qolmasin, deya barcha xizmatlarda ishlaydiganlarning mustaqil bo’lishi shart qilib qo’yilgan. Bu O’zbek xizmatiga ham taalluqli edi va buni to’g’ri deb bilaman.

Radioga shga o’tayotganimda ismim “Harakat” jurnali tahririyati a’zolari ro’yxatida bo’lgani uchun “do’st”larimizdan biri meni “Birlik” a’zosi (hech qachon “Birlik”ka a’zo bo’lgan emasman-JM), muxolifatga mansub, deb shikoyat qilgan va bu tahririyat a’zoligidan chiqish haqida rasman bayonot e’lon qilish majburiyatida qolgan edim.

O’zbekistonda turib “Amerika ovozi” radiosi uchun ishlagan hamkorlardan ham doim mustaqil bo’lish, barcha guruhlarga birdek qarash, hukumat tomonida emas, haqiqat tomonida bo’lish talab qilingan va bu jurnalistika uchun normal holdir. Shunga qaramay ular doim muxolif guruhlar tomonida edilar. Ularning O’zbekiston hukumati tomonida bo’lganlari yoki hukumatning qarashlarini yoritgan  birorta ham lavhalarini eslay olmayman.

Ma’lumki, O’zbekistonda muxolifat rasman yo’q. Lekin o’zini muxolifat deb yurgan guruhlar bor. “Amerika ovozi” kabi boshqa radiolar ham bu guruhlarni  hech qachon chetlab qo’ymayaptilar. Agar bitta-ikkita “daho”dan intervyu olinmay qolingan bo’lsa, bu qaysi bir guruhni chetlash ma’nosiga kelmaydi.

“Harakat”dagi maqolada xorijiy radiolarga ta’sir qilib turilmasa, O’zbekistondagidan farqi qolmas edi, degan juda katta iddao ham o’rtaga otilgan. Bu jurnalistika nimaligini bilmaydigan odamning gapi.

Xo’sh, “Harakat” mustaqil axborot agentligi degan nom ostida berilayotgan xabarlarni bir tahlil qilib ko’ring. Yarmidan ko’pi O’zbekiston matbuotidan olingan yoki uning ruhida. Buning uchun uni tayyorlaganlarni ayblamayman. Qozonda bori cho’michga chiqadi. Jamiyat baribir hamma joyda o’z in’ikosini ko’rsatadi. Shu bois yuqoridagi balandparvoz iddao o’rniga xorijiy radiolardagi ba’zi xodimlar turli muxolif guruhlarga yon bosadilar, tarafkashlik qiladilar, deb tanqid qilinganda ancha to’g’ri bo’lgan bo’lar edi.

Xullas, bizda hali o’z manfaatidan qarashlarini, ishonchini, haqiqatni ustun qo’yadigan jurnalistlar, jurnalistlikka da’vogar “muxolif”lar barmoq bilan sanarli. Lekin ularni ham ayblovchilar ko’p. Chunki manfaatdan ham ustun narsalar borligiga ko’pchilik ishonmay qo’ygan.

2004.

Zukko odamlar shov-shuv qilishmaydi

SAVOL: “Shohimardon kimniki?” degan va buzg’unchilikka olib boradigan  bayonotlarni  siyosatshunos sifatida qanday baholaysiz?(Zafar).

JAVOB: Biror kishi yoki guruhning buzg’unchiligini baholash mening ishim emas. Lekin dunyoda yuz berayotgan voqealarga nisbatan oddiy bir inson sifatida o’z fikrimni bildirib kelmoqdaman va bundan keyin shunday bo’lsa kerak, deb o’ylayman.

Bilasizmi, 1988-1989 yillarda ham  ba’zi odamlar va guruhlar ana shunday tortishuvlar chiqargan edilar. Samarqand, Buxoro, O’sh  kimniki degandek… Bu esa qonli voqealarga olib kelgan edi. Keyin ma’lum bo’lishicha, bu ishlarning ortida mash’um SSSRning KGB degan tashkiloti turgan ekan.

O’zimizning qo’lbola “sodda”lar KGBning musiqasiga o’ynab berishgan. O’sha mudhish kunlarning oqibati shunga olib keldiki, turkning bolasi, qon-qardosh bo’lgan qirg’izlar va o’zbeklar orasiga rahna solindi.

Menimcha, yana qandaydir planlar bor va bunda manfaatparast guruhlar ustalik bilan qo’llanilmoqda. Aks taqdirda SSSRning butunligi uchun qayg’urib, oyoqyalang yugurganlarga qolardimi bu ish?

Turli internet sahifalarida o’zbekni qirg’izga, qirg’izni o’zbekka qarshi qayrayotgan bu odamlar turk millatining qoni bilan o’ynashni bas qilishlari kerak. Butun bir mamlakat Rossiyaning qo’l ostiga o’tib ketishi xavfi bo’la turib, bu kuchlar odamlarning diqqatini boshqa tomonga burib, aka va ukaning bir-biriga qayrash bilan ovora bo’layotganlari ham 1988-1989 yillardagi provokatsiya qaytib kelmoqdami degan savolni yaratadi.

Nima bo’lganda ham bunday o’yindan ehtiyot bo’lish kerak va bir muammo chiqqan taqdirda ham ikki tomonning zukko odamlari shov-shuv qilmasdan dialog yo’li bilan masalani hal etishlari darkor. Bu esa SSSRni tiklash ishtiyoqida bo’lgan putinlarning ayg’oqchilariga yaxshigina  tarsaki bo’ladi.

2004.

Ahmad Ismoilov

SAVOL: Ahmad Ismoilov degan jurnalistni eslagansiz. Uning nomini oldin eshitmagan ekanman, qo’shimcha ma’lumot berishingiz mumkin-mi?

JAVOB: Albatta! Iste’dodli va zahmatkash jurnalist Ahmad Ismoilovning so’nggi ish joyi “Toshkent haqiqati” gazetasi edi. U olamdan o’tganda juda ko’p jurnalistlar qatori kamina ham ko’zimda yosh bilan uni mangu yo’lga kuzatib qolganman.

1974 yilda Toshkent Davlat universitetining Jurnalistika fakultetida o’qigan paytimda, iqtisodiy sharoitim og’irlashib, ish qidirib qoldim. 17-18 yoshli, tajribasiz yigitni kim ham ishga olardi?

Sarson bo’lganimni va qiyin sharoitga tushganimni ko’rgan yashayotgan uyimning egasi Ilyos aka qo’shni mahallada istiqomat qiladigan jurnalist Rasul Rahmonov bilan tanishtirdi. U yertasiga tush payti Navoiy teatri yoniga borishimni uqtirdi. Borsam u bir o’rta bo’yli, kulcha yuzli, hiyla semiz odam bilan favvora yonida gaplashib turgan ekan. Salom berib, uzoqroqda to’xtadim. Rasul aka u odamga bir narsalar degandan keyin u menga yaqinroq kelib:

-Bitta savol beraman, javobing yoqsa, ishga olinding, bo’lmasa o’zingdan ko’r,-dedi.

Shoshib qoldim. Buning ustiga Rasul aka:

-Bu kishi Ahmad Ismoilov bo’ladilar, eshitgan bo’lsang kerak,-dedi.

Ahmad Ismoilov nomini ko’p eshitganim, har kuni “Toshkent haqiqati” gazetasining to’rtinchi sahifasida uning nomiga ko’zim tushib turgani uchun dovdirab qoldim.

-Qani ayt-chi, jurnalist degani o’zi kim?-dedi Ahmad aka.

O’qishga kirgan yilim birinchi darsda domlamiz Muxtor Xudoyqulov shu mavzuga yaqin erkin ish yozdirgan edi va “Jurnalist-davlat arbobi”  deb yozganim yodimga tushdiyu shunday dedim.

Ahmad aka biroz o’ylab turdi-da, keyin Rasul akaga qarab:

-Ko’rdingiz-mi, yoshlarning fikri xazina bo’ladi,-dedi va menga yuzlanib:

-Borib E’tibor opangga ayt, seni ishga oldim, ish soatlaringni o’qishingga moslab, rejalab qo’ysin,- dedi.

E’tibor opa gazetaning Korrektura bo’limida rahbar ekan. Shu bilan “Toshkent haqiqati”da ishlay boshladim. Bu maskanda Soat Musaev, Nazarmat, Ergash Muhammedov kabi juda ko’plab jurnalistlar, adiblar ham xuddi Ahmad aka kabi quchoq ochib, ish o’rgatishgan.

Ahmad aka chapaqay va bir qarashda maqolaning qandayligini bilib oladigan mahoratga ega edi. U chap qo’llab, qizil qalam bilan qo’ygan sarlavhalar hammani hayratga solardi.

Bir kuni chaqirib:

-Yoshlardan birortasi bilan korrekturada o’tirib tur, birozdan keyin Sharof aka keladilar, u kishi o’zlari gap qo’shmaguncha gapirma,-dedi.

Biz ishlayotgan bino yangi bo’lib, Sharof Rashidov ziyoratga kelayotgan ekan. Korrekturada grankalarni o’qib o’tiraverdik. Yo’lakka yaqin bo’lgani uchun Rashidov va hamrohlari bizning xonaga kirishdi. Bosh ko’tarmasdan ishimizni qilaverdik.

-Assalomu alaykum,-deya Rashidov kelib bizlar bilan ko’rishdi va bino haqida so’radi.

Rashidovni kuzatib qo’yishgach, Zarif aka degan hazilkash jurnalist bizning qo’limizdan o’pdi va:

-Qani hamma bu oltin qo’llardan o’psin!,-deya hazil qildi.

Orqadan Ahmad aka kelib qoldi va:

-Davlat arboblari ham shunaqa hazil qiladi-mi?-dedi.

Uning kinoyasini tushunmadim. Kechga tomonchaqirib:

-Tabriklayman, mana bunga qara!-dedi.

Birinchi sahifaning xomakisida “JURNALIST-DAVLAT ARBOBI” degan so’zlar katta harflar bilan yozilgandi.

Keyin bilsam, o’shanda Rasul Rahmonov bilan Ahmad aka Sharof Rashidovning nutqi haqida gaplashayotgan va gapim ularga ma’qul bo’lgach, nutqqa qo’shishgan ekan. Rashidov jurnalistlar dargohini ziyorati barobarida majlisda bu nutqni irod qilgach, hamma gazetalarda shu gap sarlavhaga aylanib ketdi. Ahmad aka doim shu haqda gapirib yurdi.

Uning bir odati bor edi. Yoshlarga katta pul berib, kichik bir narsa olib kelishni buyurardi va qaytimini olmas, “Ertaga boshqa narsa buyurman” derdi. Ertasiga esa boshqa pul berardi. U yoshlarning g’ururiga tegmayin, deb shu yo’l bilan ularni dastaklardi.Umuman u yoshlarni juda qo’llaydigan odam edi.

Aytishlaricha, Sharof Rashidov “Qizil O’zbekiston” gazetasida bosh muharrir bo’lganda, Ahmad aka ma’sul kotib ekan. O’shanda Rashidov u kishiga “Pulning qadriga etmaydigan odamsiz” deganini eshitganlar bor ekan.

Lekin hammada ham ana shunday xislat bo’lavermas ekan,  u pulning qadriga etmasa ham odamlarning qadriga etadigan jurnalist, davlat arbobi edi.

“Toshkent haqiqati” gazetasi Ahmad Ismoilov bosh muharrir bo’lgan yillari O’zbekistondagi eng o’qimishli, eng savodli nashr edi. Buni barcha jurnalistlar chin dildan e’tirof etishardi.

2004.

Nozik masala

SAVOL: Men chet elda yashab yurgan dindorman,  vatanga qaytib borsam, dindorligim uchun qamalib ketaman-mi deb qo’rqaman. Boshpana so’rasam, berishlari mumkin-mi yoki chiqarib yuboradilar-mi bilmayman? Amerikada bo’lmasa, Avropada, masalan Angliyada boshpana olishim mumkin-mi? Maslahat bersangiz? (Farg’oniy).

JAVOB: Boshqa bir mamlakatdan boshpana so’rash bu shunchalik shaxsiy masalaki, hatto uylangandagidan ham nozikroqdir. Chunki har kimning muammosi har turli va sizga boshpana beradi, unga esa bermaydi, deb aytish mumkin emas. Zero demokratik davlatda sudning qarorini hech kim oldindan aytib berolmaydi.

Ayniqsa, 2001 yil voqealaridan keyin bu masala juda jiddiylashgan. Masalan, “Vashington post” gazetasining yozishicha, Amerikada 2003 yilda boshpana berish yigirma foyizga kamaygan. Murojaat qilganlarning soni esa ko’paygan. Demak, rad javobi olayotganlar ko’p. Ammo Amerikadagi sudlarda turli sabablar bilan yutib chiqayotganlar ham anchagina. Hatto “Men Usmon Haqnazarov nomi bilan Internetda maqolalar yozganman, Karimovning qizi haqida yozganman, endi qaytib borolmayman” deb siyosiy boshpana olgan odamlar haqida ham eshitdik.

Amerikada kimlarga boshpana berilishi mumkinligi haqida juda ko’p rasmiy Internet sahifalari mavjud. Bu yerda viza muddati o’tib ketgan va qonunsiz yashayotganlar ishi sudga topshiriladi  va sud “chiqarib yuborilsin” deb qaror bersa, shundan keyin bu amalga oshiriladi.

Avropada, xususan, Angliyada qonunlar talabi qandayligini bilmayman. Lekin bu mamlakatlarning qonuniy shartlari haqida ham Internetdagi rasmiy veb sahifalaridan ma’lumot topish qiyin emas. Shuningdek, bu soha bilan bevosita shug’ullanadigan advokatlargina “ish”ning bo’lib-bo’lmasligini taxmin qilishlari mumkin.

Umuman esa, agar bir kishining adolatga yo’li bekitilgan, quvg’inlar va ta’qiblar tufayli uning hayoti haqiqatdan ham tahlika ostida qolgan bo’lsa, unga boshpana berish demokratik davlatlarda darhol rad etilmaydi. Batafsil o’rganib chiqiladi.

Ammo bu borada maslahat berish yana takror aytaman, mumkin bo’lmagan masala. Chunki har kimning boshiga tushgani o’ziga ayon va o’zining kimligini har kimning o’zidan yaxshi biladigan odam yo’q.

Shu bois Sizga ma’qul bo’ladigan gap ayta olmagan bo’lsam, uzrimni qabul qiling. 2004.

Quvonaman bundan!

SAVOL: Bugun xususiy saytlar ko’paymoqda, o’quvchilaringiz soni kamayib ketishidan cho’chimaysiz-mi? (Saodat).

JAVOB: Yo’q. Internet-bu ham tanlov. Yuztasini ko’rib bittasini tanlaysiz. Shu nuqtai nazardan mustaqil va xususiy veb sahifalar qancha ko’p bo’lsa, shuncha yaxshi. O’zim doim yoshlarga murojaat qilib, xizmatni veb sahifa ochishdan boshlang, deb aytib kelmoqdamanu nega endi ularning ko’payishidan cho’chir ekanman?

Veb sahifalar ko’paysa, ularni yopib qo’yish qiyinlashadi. Qolaversa, turli fikrlar va turli qarashlar ko’payadi va bu hurfikrlilikka, qul bo’lmaslikka yo’l ochadi.

To’g’ri, mustaqil veb sahifani yuritish oson emas. Jamoatchilik asosidagi veb sahifalarni ko’rayapsiz, aksariyati Internet dunyosining u chetidan, bu chetidan xabar, maqolalar ko’chirib olib qo’yish bilan veb sahifa yuritmoqdamiz, deb o’zlarini aldab, pullarini bekorga sarflab yuribdilar.

Xususiy veb sahifada esa hamma narsani o’zingiz va shaxsan o’zingiz yozishingiz kerak.

Xususiy veb sahifalar kundalik xabar manbai emas, balki vaqt bo’lganda bemalol o’tirib, bir narsa o’qiydigan joy bo’lishi kerak.

Lekin bugungi o’quvchi har kuni bir yangi gap eshitgisi keladi. Bu talabni qondirib borish esa juda mushkul. Yirik asarlarni o’qib o’tirishga uning vaqti bo’lmaydi. Chunki Internetdagi har bir soniya uning uchun qimmatli.

Muxtasar qilib, cho’chimasligim, balki yangi veb sahifalar ochilaversa, quvonishimni aytmoqchiman, xolos.

2004.

Siyosat so’zining o’zagi “SIYO”, ya’ni “QORA” dir

SAVOL: Kuzatishimcha siz SIYOSATCHI so’zini yoqtirmaysiz. Nega? (Sharofiddin).

JAVOB: Falon so’zni yoqtiraman, falon kalimani esa yoqtirmayman, deb aytganimni eslay olmayman. Ammo siyosatni “siyosat”ga aylantirib yurganlar haqida ko’p yozganman va balki savolingiz paydo bo’lishiga bois shudir.

Siyosatni har kim har xil tushunadi va o’z ko’rpasiga qarab unga bo’y beradi.

Hech esimdan chiqmaydi, O’zbekistonda qama-qama borayotgan, juda og’ir qatag’on bir payt edi. O’shanda yulduzi porlay boshlagan, bugunga kelib so’nib qolgan “siyosat”chilardan biri bilan bu masalani gaplashish uchun yoniga borsam,  o’zi haqida yozilgan narsalarni to’plab o’tirgan ekan. Bir oy davomida qachon bormayin uning mashg’uloti shu bo’ldi. Keyin bir kuni u muqovasida o’zining rasmi bo’lgan kitobchani hadya qildi. Qarasam, o’sha to’plab o’tirgan narsalarini bir kitob holiga keltiribdi. Buning yomon joyi yo’q. Ammo kitob uning ichidagilarni o’qib ham ko’rmagan boshqa bir odamning nomidan chiqqandi.

-Nega o’z nomingizdan chiqaravermadingiz, o’zingiz tayyorlaganingizni yozsangiz, samimiyroq, ishonchliroq bo’lardi,-dedim.

-Siz siyosatni tushunmaysiz.Odamlarga hamma vaqt muxlislar, izdoshlar, atrofda yugurib yurganlarni ko’p qilib ko’rsatmasangiz siz bilan hisob-kitob qilmaydilar,-dedi u sovuqqonlik bilan.

Keyin ham ko’p guvohi bo’ldim, u o’zi haqida o’zi kitoblar, maqolalar tayyorlab boshqalarning nomidan chiqarar, matbuotda o’zi haqida suhbatlar tashkil etar, xalqni ozod qilaman, deb to’plangan mablag’larni shu yo’lga sochar va keyin bulardan ustalik bilan foydalanar edi.

Ha, u “siyosatchi” edi. Ammo bunday “siyosat”dan yiroq bo’lganlar biladilar-ki, siz quvg’inda bo’lsaniz va dunyoning turli burchaklarida siz haqingizda yozilganlarni sizdan boshqa odam mukammal ravishda to’plab borolmaydi. Shu bois “Muxlislari va shogirdlari” deb yoki boshqa imzo qo’ygandan ko’ra, “O’zim haqim”da deb yozaversa, bu uning soxta siyosatchi emas, balki samimiy inson ekanligini ko’rsatishga xizmat qiladi. Tabiiyki samimiylik qonida bo’lsa…

Boshqa bir misol. Muhojir tarixchi olim Boymirza Hayit o’zi haqida Sovetlar yozgan besh yuzga yaqin maqolani to’plab, Turkiyaga olib keldi. Noshir bilan gaplashib o’tirgandik:

-Kitobga o’z ismingizni qo’yibsiz, shuni boshqa odam nomidan chiqarsak, nima deysiz?,-dedi noshir.

Haq so’zning yo’ldoshi bo’lgan Boymirza otaning rangi o’zgarib ketdi va :

-Men yolg’onchilik qila olmayman, bularni umr bo’yi yig’ib yurganman, ko’plarini arxivlarga borib o’zim to’pladim, ba’zi nusxalarini sotib oldim,  boshqa birov bu ishni qilmasligini hamma biladi, haqiqatni buzmasligimiz kerak,-dedi.

Oradan qariyb o’n yil o’tdi. Haligi “siyosatchi”ning kitobi o’sha joyning o’zida qolib ketdi. Hatto nomini eslay olmadim. Ammo Boymirza otaning o’zi haqida chiqqan maqolalarni to’plagan kitobi juda katta, og’ir bo’lishiga qaramasdan, qaerga ko’chsam, yonimda. Chunki bu qimmatli, tarixiy va poydevori “siyosat” emas, haqiqatdan bo’lgan kitobdir.

Hech o’ylab ko’rganmisiz, siyosat so’zining o’zagi “SIYO”, ya’ni “QORA” bo’lganini. 2004.

O’ziga xon, o’ziga bek

SAVOL: Turli sabablar bilan Vatandan chiqib ketgan o’zbeklarning boshini bir joyga qovushtirib bir xalqaro jamiyat tuzish mumkin emasmi?(Qobil).

JAVOB: Turkiyada bu ishni boshlashga urinib ko’rganmiz, keyin Amerikaga kelganda ham bu haqda ba’zi odimlar otilgan. To’g’ri har ikki holda ham gap faqat o’zbeklar haqida borgan emas, Turkiyada Turonzamindan chiqib ketganlarning madaniy jamiyati haqida o’ylagan bo’lsak, Amerikada turkistonliklar ittifoqi borasida bosh qotirilgan edi. Lekin Nyu-York atrofida yashayotganlarning “Turkistonliklar jamiyati” mavjudligi uchun bizning harakatlarimiz bilan boshlangan urinish Vashington atrofidagi turkistonlik-amerikaliklar jamiyatini tuzish bilan cheklangan. Kelishuv nuqtasini topish mushkul bo’lgan. Har kim o’ziga bek va o’ziga xon.

Masalan, nizomga inson haqlari masalasini qo’shaylik desangiz bir guruh odamlar “O’zbekistonga borib kelishimiz qiyinlashadi” deb qarshi bo’lishgan. Madaniy aloqalar masalasi ko’tarilganda ba’zilar “Ota bobomiz raqqosa o’ynatmagan, bu ish bizga qoldimi?” deyishgan, ayrimlar esa bunday jamiyatni diniy tomonga burib yuborishga harakat qilishgan va hokazo.

Xullas, ikki qo’chqorning boshi bir qozonda qaynashi mumkin, lekin ikki o’zbek bir oraga kelolmaydi, deganlari kabi bu ish yurmagan. Buning ustiga ana uning kelib chiqishi tojik, mana buniki afg’on, bu o’zbek emas, u turk emas kabi iddaolar chiqqan.

Keyin esa “Birlik” veb sahifasining “Mehmonlar kitobi” orqali xorijdagi o’zbeklarning orasini buzib yuborish uchun Islom Karimov ham qila olmagan darajada buzg’unchilik qilindi. Qolgan-qutgan munosabatlarga ham darz ketdi.

Lekin bular bo’lgan va bundan keyin ham bo’ladi. Tarix bo’yi hech kim bizning boshimizni qovushtira olmagan, aksincha juda osonlik bilan oramizni buzishgan. Doim ichki nizolar bizni xarob etgan.

Xuddi ana shu bois ham birlashish haqidagi harakatni to’xtatmaslik va qon-qonimizga singib ketgan tarixiy illatdan qutulish choralarini topishimiz zarur.

Menimcha, demokratik tamoyillar uchun yoki madaniy, ijtimoiy rivojlanish yo’lida birlashish mumkin. Chunki bunday qadriyatlar umuminsoniy bo’lib, ko’p odamni o’ziga jalb eta oladi.

Bu faqat bir kishiga bog’liq narsa emas. Ko’pchilik bo’lib kirishmoq kerak. Boshqacha aytganda nizomini yozib, shunday tashkilot tuzdik, falonchi prezidenti degan bilan ish yurmaydi. Hamma o’ylab ko’rib bu yo’nalishda nima qila olishini o’rtaga qo’ysa ana o’shanda bir narsa bo’lishi mumkin.

2004.

Hech qachon bir tomonlama murosa bo’lmagan

SAVOL: “Birlik” rahbarlari 1991 yilgi saylovda qatnashgani uchun “ERK”ni ayblashgan edi, endi o’zlari 2004 yilgi saylovda qatnashmoqdalar, shu haqdagi savolimga “birlik”chilar javob berishmadi, buni siz qanday baholaysiz va saylov borasidagi qarashlaringiz qanday? (Rustam).

JAVOB: Kimning savoliga kim javob berib-bermagani haqida bir narsa deya olmayman.

Saylov borasidagi o’z qarashlarimni  ham ancha ilgariroq bayon etgan edim.

Bugungi vaziyatga qaraydigan bo’lsak, bir kun kelib ba’zi “birlik”chilar biz shu yo’l bilan saylovning g’ayridemokratik o’tganini isbotladik, deyishsa bunga ham ajablanmayman…

Birov to’y qilayapti. U mahalladan birini aytmadigina emas, balki to’yga kelishini istamasligini bildirdi. Lekin u to’yga kirib bordi. Nima bo’ladi? Quvilmasa ham sassiq gap eshitishga muyassar bo’ladi. Unga eshittirib, “Itning keyingi oyog’i bo’lmay o’l” deyishlari ham mumkin. U osh egisi kelganini aytolmasa ham to’yga quruq suyak uchun kelmaganini bilishadi.

Darvoqe, saylovni to’yga qiyoslab oshirib yubordingiz, deyishingiz mumkin. Aslida saylov butun xalqning eng katta to’yi bo’lishi kerak. Lekin bugun xalq uchun emas, Karimov uchun bu to’y. (“To’y”dan ham “Tomosha” degan so’z mavjud holatni yaxshiroq ifodalaydi).

Karimov bu tomoshada ko’pchilikni ko’rishni istamaydi. U o’z ko’nglini qondirish, xalqaro jamoatchilikni chalg’itish uchungina bu tomoshani tashkil qilmoqda. Musiqani ham o’zi buyurgan, raqqosani ham. “Birov yaqinlashib qolmasin”, deb ularning atrofiga soqchilar ham qo’ygan. Tomosha muallifi ham o’zi, tomosha rejisseri ham, to’yga aytilganlar ro’yxatini oldindan tuzib tasdiqlagan ham o’zi.

Demak, u yerga borgan aytilmagan odam boshqa musiqa buyura olmasligi oldindan aniq. Faqat uning musiqasiga o’ynash qoladi. Kimdir shuni istagan ekan, bu uning haqqi, lekin jamiyatga keladigan salbiy tomonlari yuzasidan savol berish va javob qidirish sizning haqqingiz.

Gapning lo’ndasi shuki, saylovlar haqidagi qonunlar nodemokratikdir. Hamma ham bilib qoldi. Demak, shu qonunlar asosida saylovga kirsangiz, uni tan olgan bo’lasiz, kechagi gapingizdan qaytgan bo’lasiz. Bunday paytda sizni beburd desalar xafa bo’lmang.

“Birlik”chilardan ba’zilari urinib, sudlashib ko’rishdi, lekin ro’yxatga olish o’rniga ularni “terrorist” deb e’lon qilishdi. Jiddiy bir bayonot bilan chiqishmadi, balki Islom Karimov adashib shunday deb yubordi, deya o’zlarini ovutishdi.

Murosa murosa istagan bilan qilinadi. Hech qachon bir tomonlama murosa bo’lmagan. Ba’zilar saylovda qatnashish ham murosa, deya o’zlarini kulgiga qo’yish barobarida diktaturaning musiqasiga o’ynab berayotganlarini bilmaydilarmi? Bilmaydilar desak ularni kamsitgan bo’lamiz. Biladilar desak yana kamsitgan bo’lamiz. Xullas, bu ularning tanlovi.

Lekin bu voqealar O’zbekistonda jiddiy muxolifat yo’q, degan fikrimni yana bir bor isbotlamoqda. Jiddiy muxolifat bo’lganda, tomosha boshlanmasdan oldin bir blokka birlashib, g’ayridemokratik rejimnining g’ayri demokratik qonunlari va tadbirlarini demokratik yo’l bilan baykot qilgan bo’lar edi.

Bu shaxsiy qarashim va kimlargadir yoqmasligi mumkin. Lekin na chora, dunyo shunaqa. Har kimning qarashi har kimga ham yoqavermaydi.

2004.

She’r…

SAVOL: Keyingi paytda she’r yozmay qo’ydingiz-mi? Nega yangilarini e’lon qilmayapsiz?(Jamila).

JAVOB: She’r yozish uchun belgilangan jadvalim yo’q. Ammo ko’nglimga bir narsalar kelganda qoralab qo’yaman. Hozir  “Dakota  yo’li”da  bir qator she’rlar yozayapman.

Avval “Aldanishga moyil…” degan bir siyosiy she’rdan keyin ana shu yangi uslubdagi qoralamalardan ham bir ikki namuna o’qishingiz mumkin.

Aldanishga moyil o’zbek shoiri,

Bir orden bukadi alif qaddini,

She’ru dili boshqa, boshqa zohiri,

Go’rkov chizib berar oxir haddini.

 

Aldanishga moyil o’zbek hofizi,

Shohning ko’kragiga boshini qo’yar.

Haq istab chiqsa gar o’g’li yo qizi,

Bir unvon xotiri ko’zini o’yar.

 

Aldanishga moyil o’zbek rassomi,

Tillaqosh medalga dunyosin sotar,

Egnida jandami, qo’lda hassomi?…

“Mona Liza” bilan qovushib yotar.

 

Aldanishga moyil o’zbek  o’g’loni,

Yolg’onni bilsa ham huzur bilan er.

Yurtboshi “Bolam”, deb aytgan zamoni,

Otasin unutib, uni “Otam”, der.

 

Aldanishga moyil o’zbek  qizlari,

Fahish hadyasini gulnorim, deydi.

Zulm zindonida qoldi izlari,

Shunda ham na yorim, na orim deydi.

 

Aldanishga moyil aslida har kim,

O’zligin emirib qilarkan ado.

Vatangado eding, endi-chi, xalqim,

Vatanda gadosan, Vatanda gado!

 

Dakota yo’lida…

 

Qattiq jang boradi,

qon sig’may ketadi ariqlariga,

o’qlar chil-chil etar muz devorlarni,

maydon kengayadi,

maydon torayadi,

ko’z kosasida.

 

Qattiq jang boradi,

mening qalbimda,

dushman qaysi yonda,

do’stim qay tomon?…

Bilmayman, ko’rolmayman,

o’q yulib ketgan qorachig’imni…

 

****

Bag’rimda vulqon bor,

biqir-biqir qaynagani qaynagan,

na so’nmas,

na portlab meni so’ndirmas!

 

****

 

Oqshom uxlaysan

sahar uyg’onaman, deb,

sahar uyg’onasan,

kunduz mudramayman, deb,

mudrab uxlab qolasan yana,

uyg’ona olmaysan…

Uyg’ona olmaysan,

uyqu dori ichgansan,

ixtiyoring qo’lingdan ketgan…

2004.

Talantli yigit

SAVOL: Siz bir javobda Nurilla Ostonovni maqtagansiz. Uning yozganlarini topib o’qidim. U ham bildirmay hukumatga topinayotgan xashaki jurnalistga o’xshadi. Nahotki uning ikir-chikirlardan boshqa narsani yozmayotganini ko’rmasangiz? (Alisher).

JAVOB: Ikir-chikirlardan qurilgan hukumatni ikir-chikirlar yiqitadi.

Islom Karimovning adolatsizlikka asoslangan rejimiga qarshi bosh ko’targanlar orasida Milliy Universitetning Jurnalistika fakulteti sobiq talabalari anchagina. Shu bois ham rejim vaqti-vaqti bilan bu dargoh boshida qilich o’ynatib turadi.

Nurilla Ostonov bilan birga ana shu qutlug’ dargohda o’qiganmiz. Talantli yigit.

O’zbekiston televideniesida rahbar bo’lganimda u televideniening Samarqand viloyat bo’yicha muxbiri edi. Bir kuni nogiron oilaning sansalorlikka uchragani haqida ikki daqiqalik “qalampirmunchoq” tanqidiy reportaj hozirlagandi.  Materialni darhol efirga qo’ydik.  Ko’p o’tmay Karimov telefon qildi:

-Nima Samarqandda shu ikki ko’rdan boshqa odam yo’q-mi?-dedi u “qalampirmunchoq” ta’siridan jahli chiqib.

-Balki bordir, balki yo’qdir, lekin gap ular haqida emas, ularni sarson qilganlar haqida,-dedim uning shunga ham aralashganidan hayratlanib.

-Ularning uyini remont qilmadi, deb butun boshli hokimiyatni ayblaysizlar-mi? Televidenie ko’rlarga emas, xalqning xizmatida bo’lgan hukumatga xizmat qilishi kerak. Chunki televideniening pulini hukumat berayotganini ham unutmang….

Karimov hukumat xalqning puliga xo’jayinlik qilayotgani, hukumatning o’zi ham xalqning puliga yashayotgani, o’sha ko’zi ojiz nogironlar ham xalq ekanligini unutgan edi. Mayli bu boshqa masala. Lekin Nurillaning o’ziga materialni maqtadim va umumiy majlisda ham bu reportajni boshqalarga o’rnak qilib ko’rsatdim.

Mana oradan 13 yil o’tib Nurillaning yozganlari Internetda chiqmoqda. To’g’ri, ba’zi maqolalarida hukumatga yon bosayotgan kabi  satrlar uchraydi. Buning ham sababi bo’lishi mumkin. Shuningdek, uning yozganlarida ba’zan uchqich qo’nalg’aning ustida aylanaverib, qo’na olmasdan qaytib ketgani kabi, “tog’dan va bog’dan” juda ko’p misollar keltirib, asosiy, kerakli gapni ayta olmaslik holatini ham ko’rish mumkin (Mana tanqid kerak bo’lsa, uni tanqid ham qilib qo’ydim-JM). Lekin umumiyatla u oddiy xalqning ayanchli ahvolini Chexovga xos bir uslubda ko’rsatish bilan hukumatning tinkasini quritmoqda va Islom Karimovning bechora xalqni qanchalik ezayotganini ko’rsatib bermoqda.

Nurillani yaxshi bilaman, u falakning charxi aylanib, Karimov bilan shaxmat o’ynab qolsa va Karimov menga qarshi ko’zbo’yamachilik qilayapti, deb o’ylasa, shaxmat taxtasini otib yuborib, shoh bilan piyodani tenglashtirib ketadigan xislatga ega. Bugun o’zbek jurnalistikasiga ana shunday qo’rqmas, dovyurak qalamkashlar zarur. 2004.

Gap “tayanch nuqtasi”da

SAVOL: Amerika xalqi urush tarafdorimi,  nega yana Bushni sayladi? (Malik).

JAVOB: Saylovda urush masalasi hal qiluvchi masala emas edi.

Ma’lumki, bugunga qadar Amerika saylovlarida aksariyat hollarda iqtisod masalasi hal qiluvchi, ya’ni ko’pchilikni birlashtiruvchi rol o’ynagan. Chunki bu yerda individualizm kuchli bo’lgani uchun har kim o’z manfaati nuqtai nazaridan harakat qiladi. Bu holda iqtisod yakka shaxslarni birlashtiruvchi mohiyat kasb etadi.

Ammo 2004 yilning 2 noyabrida o’tgan saylovda iqtisod ikkinchi o’ringa tushdi. Uchinchi o’rinda esa terrorizmga qarshi kurash va urush masalasi turdi.

G’arb davlatlari orasida Amerika eng dindor va eng muhofazakor davlat sanaladi. Shu bois ham saylov taqdirini hal qilgan birinchi omil axloqiy qadriyatlar masalasi bo’ldi. Buning tarkibiga jumladan quyidagilar kirdi:

BIRINCHI: Keyingi yillarda Amerikaning bir qator shtatlarida  ayni jinsdan bo’lganlarning oila qurishlari, ya’ni erkakning erkak bilan yoki ayolning ayol bilan rasmiy nikohdan o’tishlari boshlandi. Bu jamiyatda katta norozilik uyg’otdi. Ba’zi mahalliy hokimlar va sudlarning bu xususdagi qarorlarini yuqori mahkamalar bekor qildilar.

Prezident Bush oila muqaddasdir, bu ayol va erkakning birlashuvi, birgalikda farzand dunyoga keltirishlari uchun Tangri tanlagan yo’ldir, degan gapni mahkam ushlab, Konstitutsiyaga ayni jinsdagilarning birgalikda oila qurishlarini man etuvchi qo’shimcha kiritishni taklif qildi.

Endi ikkinchi tomon va ularni qo’llagan demokratlar noroziligi boshlandi. Ular demokratik erkinlik bo’lsin, ozchilikdagi homoseksualistlar, ya’ni besoqolbozlaru lezbiyanlarning ham huquqlari tan olinsin, degan talablarni o’rtaga qo’ydilar.

Bu jamiyatni ikkiga bo’ldi. Saylov arafasidagi tortishuvlar markazida ham shu masala bo’rtib turdi. Saylov kuni bir qancha shtatlarda ayni jinsdagilarning oila qurishlarini man etish borasida referendum ham o’tkazildi va ko’pchilik bunga qarshi bo’lish barobarida nafaqat Bushni sayladi, balki kongressning Senat hamda Namoyondalar palatasidagi o’rinlarga ham muhofazakor respublikachilarni yo’lladi.

IKKINCHI: Uzoq yillardan beri dindorlar abort, ya’ni bola oldirish masalasiga qarshi chiqib kelganlar va bu Konstitutsiyaviy sud idorasidan qaytib turgan. Bush davrida bu masala qayta qo’zg’aldi va katta tortishuvlarga olib keldi. Dindorlarning “Ona qornidagi bola tirik va uni abort qilish bu qotillik, Xudoning yaratganini o’ldirishdir” degan iddaolarini Bush ham qo’lladi. Natijada saylovlarda faol qatnashmaydigan dindorlar bu safar oyoqqa qalqdilar.

Mamlakatning eng ko’zga ko’ringan san’at arboblari, taniqli shaxslar esa abortni ta’qiqlash uchun qilinadigan qonuniy harakatni erkinlikni bo’g’ish deya Bushga qarshi ochiq targ’ibot yurgizdlar, bu esa oddiy xalq va oddiy dindorlarda aks ta’sir uyg’otdi.

Saylov kuni belgilangan vaqt tugashiga qaramasdan millionlab odamlar ovoz berish uchun navbatda turganlari ana shundan edi.

Oddiy bir odam bilan gaplashganimda u “Abortni ta’qiqlash bu fohishabozlikni yo’q etishga olib keladi. Eng asosiysi bu SPID kabi halokatli epidemiya yo’lini to’sadi” degan gapni aytdi.

Demokratlar ovoz berishga qancha ko’p chiqishgan bo’lishsa, respublikachilar undan ham ziyod chiqishdi.

UCHINCHI: Inson embrionlarini tibbiy maqsadlarda qo’llash masalasi ham Bush davrida tortishuvlarda yo’l ochdi. Bush bu borada cheklov bo’lishi va axloqiy chegaralar buzilmasligi kerakligini aytib, ilmiy tadqiqotlarni nazoratga olish zarurligini uqtirdi. Muhofazakorlar. inson embrionlarini laboratoriyalarda qo’llanish bu odamni nusxalashga qadar olib boradi va Xudoning yaratuvchiligiga qarshi gunoh bo’ladi, degan jabhadan turib xulosa qildilar.

Urush haqidagi gaplardan ana shunday axloqiy qadriyatlar masalasi og’irliq qildi. Bu individual shaxslarni birlashtirgan omillardan biri bo’ldi.

Boshqacha aytganda, Bush Arximedning “tayanch nuqtasi”ni topdi va xalq kuchini o’zi tomonga ag’dardi.

Xullas, Amerika xalqi falon narsaga qarshi yoki mana bu narsaga tarafdor,  deya butun xalq haqida xulosa chiqarish to’g’ri emas.

2004.

Pul vijdondan ancha ustunlik qilmoqda

SAVOL: Hamma narsani pul hal qiladimi yoki vijdon-mi? (Shoira).

JAVOB: Agar hamma narsa vijdonga qolganda bugun dunyo butunlay boshqacha bo’lardi yoki teskarisi, hamma narsa pulga qolganda bugun dunyo hozirgisidan boshqacha bo’lardi. Lekin pul vijdondan ancha ustunlik qilmoqda.

Ko’p hollarda vijdonni pul bilan sotib olish mumkin bo’lmoqda, ammo vijdon bilan pulni rad etish hollari deyarli yo’qolmoqda. Masalan, O’zbekistonda vijdonsiz bo’lsangiz ham pulingiz bo’lsa, har qanday ishni qila olasiz. Hukumatdagi istalgan vazifani sotib olishdan tortib, odamlarning fikrini o’zgartirishga qadar.

Ammo  pulingiz bo’lmasdan faqat vijdon bilan yashasangiz hatto  do’stlaringiz, yaqinlaringizdan ham ajralib qolishingiz hech gap emas.

Xo’sh nima qilish kerak? Vijdondan voz kechib, faqat pul topish kerak-mi? Bu yo’lni tanlamagan bo’lardim. Balki shuning uchun ham bugun  O’zbekistonda emasman.

Yaqinda bir tanishim tanlagan yo’lidan voz kechib eski, o’zi rad etgan joyga qaytdi. Qaytdigina emas, xat yozib uzr ham so’radi.  Bu uning vijdoniga xilof edi. Shu bois undan:

-Nega bunday qildingiz?-deb so’radim.

-Nima qilay? Birovning uyida ijarada turaman, pulini to’lash kerak. Bolalarimni boqish kerak, ish yo’q, bosh urmagan joyim qolmadi, bular esa bizga qaytsangiz va buni rasman e’lon qilsangiz pul berib turamiz deyishdi. Majbur bo’ldim. Agar siz yordam qilib tursangiz shu vijdon azobidan qutulgan bo’lar edim,- deb o’zimni mot etgan holda javob qildi.

Yoki yana bir misol. Bir g’oyadosh do’stim ahvoli og’irligi va har oy falon miqdorda pul yuborib turishimni so’rab xat yozdi. Unga ahvoli unikidan ham og’irlar borligi va ularga qilayotgan yordamimni to’xtata olmasligim, qolaversa, Amerikada ham pul daraxtning tagiga to’kilgan xazon emasligini tushuntirishga harakat qildim. Lekin u tushunish u yoqda tursin, yuz o’girib ketdi.

Bular kichik misollar. Lekin atrof pulning hukmdorligi haqidagi katta misollar bilan to’lib ketgan. Afsus…

2004.

Beton devor

SAVOL: Muxolifatni boykotga chaqirganingizdan keyin muxolifat saylovda qatnashishdan bosh tortdi. Xursandmisiz?(Rustam).

JAVOB: Birinchidan, boykotga chaqirganim yo’q. Ikkinchidan, sizning savolingizga javob berib, o’z fikrimni bayon etdim va hozirgi sharoitda saylovda qatnashish hukumatning g’ayriqonuniy harakatlarini va nodemokratik qonunlarni tan olish ekanligini urg’uladim, xolos. Shu bois bu xursand bo’lish yoki xursand bo’lmaslik maqsadini nazarda tutmagan.

Bilasizmi, yosh bir joyga kelib qolganda ko’pchilikda ko’z xiralasha boshlaydi va do’xtirlar ko’zoynak taqishni tavsiya qiladilar. Birov yaqinni yaxshi ko’radi, yana birov uzoqni. Oldinda bitta beton devor turganda salomatlik darajasi bir xil bo’lsada  vaziyatni baholash  ikki xil bo’ladi.

Uzoqni ko’radigan odam bu devor yaxlitligini va eshik yoki darichasi u yoqda tursin, hatto teshigi ham yo’qligini aytadi. Yaqinni ko’rib, uzoqni ko’rolmaydigan esa aksini iddao etadi, to boshi bilan borib o’sha devorga urilganga qadar. Ammo bu urilish yo boshni yorishi yoki ishdan chiqarishi ham mumkin.

Shukur qilish kerak-ki, ba’zilar boshlari qattiq lat emasdan beton devordan o’tadigan joy yo’qligini ko’rdilar.

2004.

Tuzoq

SAVOL: MXXdan siz ham “yangi yil tabrigi” oldingizmi? (To’lqin)

JAVOB: Ha, yangi yil oqshomida turli shaxslarning elektron pochtalaridan ularning tanishlariga haqoratli xatlar va viruslar jo’natildi. Bu uch kun davom etdi. Bayram kunlari birovlarning kayfiyatini buzish, oilasiga noxushlik olib kirish Karimovning malaylariga xos narsa bo’lib qolganiga bu ham bir misol.

Masalan, menga O’zbekiston jurnalistlar haq-huquqlarini himoya qilish tashkiloti rahbari Yusuf Rasulov nomidan ana shunday haqoratli xatlar kela boshladi. Bu xatlarni u yozganiga ishonmadim. Chunki u juda madaniyatli yigit va bu qadar past ketmaydi hamda haqorat yozishi uchun asosning o’zi yo’q edi. Lekin adres uniki.

Keyin shunday xatlar O’zbekiston Inson huquqlari jamiyatining raisi Tolib Yoqubov nomidan kela boshladi.

Toshkentga telefon qilsam, Yusufning ham, Tolib akaning ham bundan xabarlari yo’q, ular hatto bayram kunlari Toshkentda bo’lmaganlar.

Yusuf Rasulov uyida Internet yo’qligi va uydagi telefoni ham uzib qo’yilganini aytib, uzr so’radi. Lekin uzrga o’rin yo’q. Bu uning ishi emasligi ayon. Ma’lum bo’lishicha uning nomidan boshqalarga ham shunday haqoratli maktublar borgan.

Biz Vashingtondan turib tekshiruv o’tkazdik. Menga kelgan maktublardan biri AQShning ichidan yozilgan va qolganlari Toshkentdan.

Yusuf Rasulov bilan gaplashib, unga yozgan kabi bir maktub jo’natgandik, Yusuf uyida bo’lgani holda darhol haqoratli javob qaytdi va bu safar matn inglizcha edi.

Yo Yusufning parolini o’g’irlashgan yoki hukumat xakerlik yo’li bilan barcha elektron maktublarni o’qishga boshlagan. Hatto endi juda qaltis ig’vogarlik kampaniyasini yuritmoqda. Bu esa insonlarning muqaddas hisoblangan shaxsiy ma’lumotlariga hujumdir va qattiq qoralanishga loyiq.

Tolib Yoqubov Toshkentga qaytgach va Yusuf Rasulov pochtani ochish kalimasini o’zgartirgandan keyin oqim to’xtadi. Lekin qanchaga?

Albatta, bu savolga javobni vaqt ko’rsatadi. Chiqariladigan xulosa shuki, bugunga qadar turli veb sahifalarning mehmonlar uchun ajratilgan kitoblarida odamlarni haqorat qilish bilan ularning oralarini buzganlar endi yangi, qaltisroq hunar topganga o’xshaydilar. Bundan hamma ogoh bo’lishi kerak va shunday maktublar paydo bo’lganda vahimaga tushmasdan, jahlni bosgan holda bosiqlik bilan ish qilish zarur.

Karimov malaylarining tuzog’iga tushib qolmang.

2005.

O’zbekcha qahramonlik

SAVOL: Bitta saytda Erkin Vohidovning she’rlaridan misol keltirilib, shoirimiz rejimni mardlarcha fosh etmoqdalar, deyilgan. Siz nega aksini iddao etgan edingiz? (Ma’rufjon).

JAVOB: Bu borada Sherzod degan  ukamizning yozganlari ham diqqatgna molik׃  “Tunov kuni bitta yosh yigitcha bilan tasodifan suhbatlashib qoldim. Uning gapi bo’yicha, O’zbekistondagi “muammolar”ga Prezidentning dahli yo’q emish – axir u o’zining nutqlarida poraxo’rlik va h.k.z.lar haqida kuyunib gapiradi-ku.

Sodda yigitcha…

Haqiqattan ham sodda ko’z uchun prezidentimiz O’zbekistondagi muammolarni egar-jabduqlash uchun qo’llaridan keladigan ishni qilayotganga o’xshaydilar. Nogoh, esimga Erkin Vohidovning quyidagi she’ri tushdi:

Bizlar arra tortmoqdamiz,

Arramizning tishi yo’q.

Nega arrang tishi yo’q –

Deb so’raydigan kishi yo’q.

Chunki bizlar anoyimas,

Pishib ketgan ko’zimiz.

Arra tushgan o’sha shohda,

O’tiripmiz o’zimiz.

Sodda ukam yuqoridagi misralardan hikmat topsa ajab emas.

Erkin aka o’zlarining “Yaxshidir achchiq haqiqat” to’plamlarida siyosiy tizim va uning boshidagilarning nuqsonlarini mardlarcha fosh qilganlar. Undagi “Eski hammom – eski tos”, “Xipchin” asarlari, ayniqsa, e’tiborga loyiqdir.” (Sh. Ro’zmetov).

Ma’lumki, bir gapni bir necha yo’l bilan aytish mumkin. Balki Sherzod Ro’zmetovning ham maqsadi Erkin Vohidovni maqtash emasdir? Balki “mardlarcha” degan kalimani qo’shtirnoqqa olishni unutgan bo’lsa ne ajab?! Chunki Sherzod mulohazaga boy va qobiliyatli yigit ekani uning yozganlaridan sezilib turibdi.

Lekin shu narsa aniq-ki, Erkin Vohidov Karimov rejimining muhim “gayka”laridan biri. U Karimovga ta’sir qila olishi mumkin bo’lgan “qahramon gayka”. Masalan, Karimovning yoniga kirib:

-Islom aka, agar shu falonchini ozod qilib yuborsangiz butun dunyo sizga tasanno aytadi, aslida uning sizga dushmanligi yo’q, vatansevar, xalqsevar yigit, uni sizga yomon qilib ko’rsatishgan, bunga mana men kafilman,-desa, Karimov darrov bu ishni bajaradi. Chunki u maddohlarini doim  bir narsa bilan siylab turadigan odam.

Ammo Erkin Vohidov kimgadir yoki xalqqa foyda keltiradigan gapni emas, balki buning o’rniga o’ziga yo orden, yoki yana bir kitob chiqarish uchun yordam olish yo bo’lmasa yaqinlaridan birini kattaroq ishga joylab qo’yishni so’raydi. Bu saroyda ildiz otgan odat.

Endi uning rejimni fosh qiladigan she’rlariga kelsak, Karimov ham har majlisda rejimni tanqid qiladi. Erkin Vohidovlar gaplarini “xamirga o’rab” she’rga yashirsalar Karimov ochiq aytadi. Bu 15 yildan beri davom etib kelmoqda. Hukumat korruptsiya botqog’iga botgani, rahbarlar poraxo’r bo’lib ketgani, matbuot tanqid qilishni bilmasligi, xalqning ahvoli og’irlashib borayotgani… hammasi Karimovning aytganlari.

Lekin aytib, amalda teskarisini qilib kelmoqda. Erkin Vohidov ham o’z xo’jayinidan ibrat olmoqda. She’rlarida boshqa narsa, amalda boshqa. Bu diktaturaning  eng mashhur “hunar”laridan biri.

Lekin Erkin aka biladilar, Karimov baribir u kishidek katta iste’dod sohibining ham qadriga etmaydi. Shunaqa, bila turib ajdarhoning komiga otilamiz. Mana buni qahramonlik desa bo’ladi! O’zbekcha qahramonlik…

2005.

Sabablar ko’p

SAVOL: O’zbekistonning juda ko’p joyida sizning saytingizni ochdim, lekin sizchalik tanqid qilmasalarda boshqa muxolif sahifalarni ocha olmadim. Sizga biror imtiyoz berilgan-mi? (Shamsiddin).

JAVOB:  O’zbekiston hukumati barcha muxolif veb sahifalarni hamma joyda doim bekitib turishning ilojini topa olmagandir-da?! Darvoqe, bu ishni hatto Xitoy ham eplay olmayapti.

Bir qator saytlarning ochilmasligi yoki qiyinchilik bilan ochilishi sababi haqida ilgari ham qisman yozgan edim. Hozir veb sahifalarni mazmunan boyitish emas, balki yaxshiroq bezash (dizayn qilish) modaga aylangan, ya’ni bu asosiy maqsad bo’lib qolgan.

Turkiyada minglab gazetalar chiqadi. Hammasi rangli va rasmlarga boy, ammo o’qiyman desangiz jiddiy gap topa olmaysiz. Amerikaga kelganda esa unaqa gazetalarni juda oz uchratdim va ularni “ko’cha” nashrlari deyishadi.

Yirik va jiddiy gazetalar ola-bula emas, balki biz azaldan bilgan qora-oq rangda chiqadi. Vaholanki agar rangli chiqaramiz deyishsa, ularning juda katta imkonlari bor. Ammo jiddiylikni saqlab, ayni paytda iqtisodiy maqsadni ham ko’zlashadi.

Internetda ham sahifaga qancha  texnik oro berish yuqori bo’lsa asl maqsad shuncha uzoqlashadi. Har bir chiziq va har bir jilo, har bir rasm va suvratni kompyuter “o’qib olishi” uchun kuch, xotira, vaqt sarflashi kerak.

Yangi uslubdagi bezaklarni esa eski kompyuterlar “o’qimaydi”. O’zbekistonda arzon bo’lsin, deya aksariyat joyda eski kompyuterlar qo’llaniladi. Ammo eng yangilari ham ba’zan qiynaladi.

Ana shularni hisobga olib sahifamda ko’p ramkalar, jiloyu jim-jimalar va rasmlarga o’rin bermadim. Sahifam ro’yxatga olingan idora taklif etgan maxsus veb sahifa chizmasi juda ham chiroyli va “professional”. Ammo uni qo’ysam O’zbekistonda ochilishi amri mahol bo’ladi. U yerdagi kompyuter to bosh sahifani o’qib olguncha  o’quvchining toqati toq bo’lib, bu sahifaga tsenzura qo’yilgan ekan deb boshqasiga “o’tib” ketadi.

Shu boisdan ham maqsad yozilganlarni odamlarga o’qitishdan iborat bo’lsa, hali sodda sahifalar yo’lidan borish kerak. Maqsad kim yaxshi kiyinadi kabi, kim yaxshi bezakli sahifa qila oladi (ya’ni “Onangni otangga bepardoz ko’rsatma” maqoliga amal qilish)dan iborat bo’lsa unda bu boshqa  masala.

Buning ustiga kompyuterning qaysi programmada ishlashi va veb sahifaning qaysi dasturga moslanishi ham muhim.

Xullas, nazarimda  ana shuncha sabab bor. Yana men bilmagan yana qancha sabablar bo’lishi mumkin.

2005.

Ijod va siyosat

SAVOL: Amerikada ham shoirlar siyosatga aralashadilar-mi? (Nargiza).

JAVOB: Shoirlarning siyosatga aralashishlari ko’proq Sharqqa xos bo’lgan xususiyatdir. Azaldan shohlar yo she’r yozganlar yoki shoirlar podsho bo’lganlar.

Qizig’i Islomda shoirlar ulug’lanmagani holda Sharqdagi xalqlar hamma vaqt shoirlarni ulug’lab kelganlar.

Amerikada shoir deganda darveshnamo, dunyo bilan u qadar ishi bo’lmagan, ichkilikni, kayfu safoni sevadigan bir obraz paydo bo’lgan. Lekin bu degani jiddiy shoirlar ham yo’q degani emas. Ular ham o’zlarini eng erkin odamlar deb hisoblaydilar, siyosatga kirishni esa o’zlariga ep ko’rmaydilar. Ular o’zlarini chirkin siyosatdan yuqori qo’yadilar.Xalqning dardini ochiq yozadilar va prezidentga madhiyabozlik qilmaydilar.

Bu yerda shoirlar emas, balki kinoyulduzlarining ko’proq siyosatga aralashganlarini kuzatishingiz mumkin. Ular shoirlarga qaraganda siyosiy jihatdan ko’proq faoldirlar. Bu faollik 1950 yillardan keyin boshlangan. Kinoyulduz Lodgening gubernator bo’lishiyu boshqa kinoyulduz  Murfeyning senatorlikka saylanishi hamda yana bir kinoyulduz Ronald Reyganning prezidentlikka qadar etib kelgani buning bir misolidir.

Jurnalistlar olamida ham siyosatga kirmaslik kuzatilmoqda. Siyosatni tashlab jurnalistlik qilayotganlar ko’paymoqda.

2005.

Demokratiya xalq boshqaruvidir

SAVOL: Hozirgi kunda qaysi mamlakatda demokratiyaning haqiqiy ko’rinishi mavjud? Chunki hozirgi bo’layotgan voqealardan keyin, menda shunday ishonch hosil bo’ldiki, dunyoda hech qanday demokratik mamlakat qolmagandek. Bunga siz nima deysiz? (Sardor).

JAVOB: Agar demokratiya xalq boshqaruvi desak, demak hozirgi kunda dunyoning juda ko’p joyida shunday tuzumlar mavjud. Ammo demokratiyaning haqiqiy qolipi qanday bo’lishini hech kim bilmaydi. Lekin bugungi tuzumlar orasida insonning moddiy va ma’naviy ehtiyojlarini qondirishga eng yaqin bo’lgani mavjud demokratik deganimiz tuzumlardir va ularda mezonlar turlichadir.

Demokratiyani har kim har turli tasavvur qiladi va shu bois ham hukumatlar almashganda ba’zan demokratik boshqaruvda ham o’zgarish yuz beradi. Lekin tamal mustahkam bo’lsa, vaqtinchalik boshqaruvni qo’lga olgan hukumatlar yoki siyosiy partiyalar demokratiyaga zarar etkazishlari mumkin ammo uni butunlay yo’qota olmaydilar.

Internetni demokratiyaning ramziy suvrati deb o’ylar edim. Ammo vaqt o’tishi bilan bu suvratning ham mukammal bo’lmagan jihatlari ko’rinmoqda.  Ya’ni insonning moddiy va ma’naviy foydasi bilan bir qatorda moddiy va ma’naviy zarariga ham “ishlay” boshladi. Bu internetning kamchiligi emas, balki inson xislatidagi kamchilikning internetdagi in’ikosidir.

Xuddi shunday inson xislatidagi kamchiliklar har qanday tuzumlarda ham o’z aksini ko’rsatadi. Internet har qancha mukammal bo’lib borgani bilan “xaker”lar ham shu qadar “zukko”lashib borganlari kabi demokratik jamiyatlar har qancha soflashib borsalar, dog’ tushiradigan unsurlar ham shu darajaga etishga urinadilar.

Bitta shaxs tomonidan emas, balki xalq erkin saylagan erkin parlament tomonidan qabul qilingan va xalq muhofazasida bo’lgan Asosiy qonun bilan boshqariladigan demokratiya tarafdoriman.

Atrofga yaxshilab nazar solsak, ana shunday asosdagi mamlakatlar bor va ular bo’ladi ham.

2005.

Qo’shma gaplar

SAVOL: “Dakota yo’lida” yozilgan ba’zi she’rlaringizni o’qidik, yana e’lon qilishingiz mumkin-mi? (Nasiba).

JAVOB: Zotan ular bir majmua holiga kelganda e’lon qilish niyatim bor. Bu qofiyabozlikdan ko’ra ko’proq qo’shma gapga o’xshaydi. Ammo aytilmagan qo’shma gaplar.

Hissiyotni o’ziga o’ragan qo’shma gaplar.

Yurakning tubida cho’kib yotgan qo’shma gaplar…

Qo’shma gap bo’lmagan qo’shma gaplar…

Keling, suxaningiz sinmasin, mana bir nechtasi:

 

Qul eding,

Qul bo’lding,

Va lek…

Xudoning qoshida emas.

Pul deding,

Pul eding,

Va lek…

Halolning oshidan emas.

 

Gul deding.

Gul olding,

Va lek…

Qabrning  boshida emas.

 

***

 

Inson qariganda

Qulon bo’ladi.

To’lg’anaverib,

Yotgan to’shagida,

Ilon bo’ladi.

 

***

 

Quvonganda

uyqu qochadi,

xafa bo’lsang,

yana uyqu qochadi,

arosatda qolgan kuningda

uyqu eshiklarin ochadi.

 

***

 

Umr o’rmonini

yoqib ketibsan,

daryoning tushida,

oqib ketibsan,

o’zing bilmaysan.

Dunyoni bir pulga

sotib ketibsan,

do’stingni qiyratib

otib ketibsan,

o’zing bilmaysan.

Ko’zing ko’r,

quloqlaring kar,

bag’ring so’qir,

Yana

O’zing bilmaysan.

 

****

 

Shoh deydi:

Tur!

O’tir!

Yot!

O’l!

 

Xalq deydi:

To’r!

Ket!

Qot!

Dod!

 

Xo’sh… Tangri-chi?

Tangri  nima deydi?

Huzuriga borganda bilamiz…

Agar borsak,

Borolsak!

 

***

 

ITXONA GURUNGI

 

Itboshi:

Men dong’imni taratganman,

Ko’kni erga qaratganman,

Sizni ham men yaratganman,

Hov! Hov! Hov!

Hov! Hov! Hov!

 

Qanjiqlar:

Siz dong’ingiz taratgansiz,

Bizni kuzda sayratgan Siz,

Yaratgan ne, yaratgan Siz,

Vov! Vov! Vov!

Vov! Vov! Vov!

 

Itvachchalar:

Siz bizlarni yayratgansiz,

Elni bizga qaratgan Siz,

Yaratganni yaratgan Siz,

Ak! Ak! Ak!

Ak! Ak! Ak!

2005.

Hukumat va odam

SAVOL: Mana AQShda yana bir Davlat kotibi ishdan ketdi, u bechoraning kelajagi nima bo’ladi, endi, ahvoliga maymunlar yig’lasa kerak? (Ismoil).

JAVOB: AQShda hukumatdan ketish fojea emas, balki katta imkoniyatdir, omad va erkinlik uchun ochilgan yo’ldir.

Bunday paytda bir eshikning yopilishi o’nlab eshiklarning ochilishiga olib keladi. U uyidan turib maslahatchi bo’lishi uchun hukumatdagi maoshining o’n baravarini to’laydigan kompaniyalar, oyda bir lektsiya o’qishi uchun istagan qadar pul berishga rozi ilmiy dargohlar yoki yozadigan kitobini oldindan 10 million dollarga sotib olish uchun shartnomaga hozir turgan nashriyotlar vakillari uning izidan quvib yuradilar.

Ana shunday hol bo’lgani uchun ham bu yerda rahbarlar dadil turib iste’fo beradilar va kecha-kunduz tinmay ishlashdan erkinlik dunyosiga chiqish imkoniyatini qo’lga kiritadilar..

O’zbekistonda esa rahbarlikdan, hukumatdan ketgan odamni odam hisoblamaslik odati bor. Bu  eng katta fojealarimizdan biridir. Shu bois ham hukumatga kelgan odam ketgisi kelmaydi va hamma narsaga rozi bo’lib, hatto qo’li qonga belansa ham ketmay o’tiraveradi.

2005.

Ketganlar qaytmaydilar

SAVOL: Chetga ketganlar qachon qaytadilar? (Nuriddin).

JAVOB: Ketganlar qaytmaydilar.

G’aznaviy zulmi davrida bosh olib chiqib ketganlar Avropa ostonasiga qadar etib borishdi va Usmonli, keyin Turkiyani qurib o’sha yoqlarda qolib ketishdi. Qaytishmadi.

Shayboniyxon dastidan Afg’onistonga ketgan Bobur Mirzolar Hindistonga qadar borishdi va o’sha yoqlarda qolib ketishdi. Qaytishmadi.

Rus istilosi davrida chiqib ketganlar “Bugun qaytamiz, ertaga qaytamiz, Turkiston mustaqil bo’lsa qaytamiz, O’zbekiston mustaqil bo’lsa qaytamiz” deya o’zlarini aldashdi. Qaytishmadi. O’zbekiston mustaqil bo’lgandan keyin ham orzulari sarobligicha qoldi.

Kechayu kunduz G’arbni qarg’ab (nonini eb tuzlug’iga tupurib) yuradigan, oilasi bilan Karimovning oyog’ini o’padigan bir oilaga Toshkentda uy-joy ham qilib berishdi, qaytishmadi.

Karimov qatag’oni paytida chiqib ketganlar ham qaytmaydilar.

Yaqinda Amerikada besh yil o’qib Toshkentga borib, keyin butunlay AQShga qaytib kelgan bir yigit bilan gaplashdim. U shunday hikoya qilib berdi:

“Aka bu yerdaligimda Vatan har kuni tushimga kirardi. Asal qovunlari, shirin tarvuzlari, tashna bosar suvlari, to’yimli nonlari, mehmondo’st odamlari, go’zal qizlari, gashtakchi yigitlari… xullas, chang ko’chalari, to’ylariyu kuylariga qadar sog’inardim. Tezroq o’qishim bitsayu qaytsam der edim.

O’sha kun etib kelganda o’zimni burgutdek his qildim. Jannatga borayotgandek  bir hissiyot bilan bordim Vatanga. Lekin tarvuzim qo’ltig’imdan tushdi. Hamma narsa o’zgargan edi. Hatto suvi ham menga begona edi. Ichsam ichgim kelmasdi. Nonini esam, tavba qildim, xuddi kesak tishlagan kabi bo’lardim. Bu yerning suvi, bu yerning noniga o’rgangan ekanman. Qovunidan esam zaharlandim, tarvuzidan esam zaharlandim…

To’ylar ham boshqacha, yo’llar ham boshqacha, hatto odamlar ham boshqacha, jamiyat butunlay buzilgan, axloq izdan chiqqan, odamgarchilik tamom bo’lgan, televidenie ham boshqa, gazetalar ham xabarlar ham boshqa, hatto…

Har qadamda o’zimni kamsitilgan his qildim. Mirshablar har kuni yo’lda to’xtatib do’q urganda bu yerda besh yilda bir marta ham polisga ishim tushmaganini esladim, odamlar avtobusda turtib ketganda, bu yerda men bilmay turtib yuborgan odam mendan uzr so’raganini xotirladim…yashay olmadim, ish ham yo’q edi. Pora bermasangiz ish yo’q. Pora bersangiz keyin o’g’irlik qilishingiz kerak. Men esa halol mehnat qilib yashashga o’rgangan edim. Xullas, Vatan menga begona edi.

Shunda men ilgari ketganlar nega qaytmaganlarini angladim. Qaytganlari ham qisqa vaqt mehmon bo’lib yana ketib qolishganini tushundim…”

Bunday achchiq hikoyalarni bir kishidan emas, ko’plardan eshitmoqdaman.

O’z uyim, o’lan to’shagim, degan gap bor. Ketganlar qaerlardadir o’z uylarini qurdilar. O’sha erning tilini, madaniyatini, sharoitini o’rgandilar. Mehnat qilib, halol yashash, mehnatlariga yarasha haq olish mumkinligini ko’rdilar.

Endi o’zlari qaytsalar ham bolalari qaytmaydi. Bolalari qaytmadi-mi tarixiy Vatan ularga torlik qiladi va yana ortga yo’l oladilar.

Bir ketgandan keyin qaytish oson emas. Qaytish bu qayta tug’ilish, hamma narsani qayta boshlash demakdir. Bu esa tabiatning qonunlariga zid. Hamma ham tabiatning qonunlarini buzib yashashga qodir emas. Qaytganlar qahramonlardir! Qahramonlar esa juda oz, hatto barmoq bilan sanarli darajada oz bo’ladi. Bugunga qadar esa hali bunday qahramonlar chiqmadi.

2005.

Bugunning muxolifati

SAVOL: Bugungi o’zbek muxolifati tarkibini qanday baholash mumkin. (Otabek).

JAVOB:  Har kim har turlicha baholashi mumkin. Masalan, quyidagi uch guruhga ajratgan bo’lardim.

Birinchi guruh: Rejimga qarshi kurashib uni o’zgartirish tarafdori bo’lgan, millat va mamlakat  kelajagiga befarq qaray olamgan kishilar. Bular umummuxolifatdan  ko’ra yakka muxolif holida qolmoqdalar. Qora rejim ularga birlashish imkonini bermayapti.

Ikkinchi guruh: Kundalik turmushini o’tkazish uchun muxolifatchi ko’rinib, asl maqsadi esa grant, pul topishdan iborat bo’lganlar. Bunday muxolifatchilikni kasbga aylantirganlarni ham tushunish mumkin׃ yashash uchun kurash.

Uchinchi guruh: Bir muddat muxolifatchi ko’rinib, uning bir qanotiman yoki a’zosiman deb  yurib,  aslida chet ellardan siyosiy boshpana olishni nazarda tutganlar. Ular ham xalqning bir bo’lagi va yaxshi yashashga haqlidirlar. Shu nuqtai nazardan bu holatni muxolifat yoki muxoliflarning xalq hayotini yaxshilashga qaratilgan xizmatlaridan biri deb ham baholash mumkin.

2005.

Ajablanishga o’rin yo’q

SAVOL: “Muxolifat lideri”, “demokratik kuchlar lideri” kabi unvonlar ko’payib ketdi, bu boradagi fikringiz?(Sarvar).

JAVOB: Bilasizmi, vaziyatni Chexovning “Oltinchi palata” hikoyasidan ilhomlanib baholaydigan bo’lsak, bugun biror jinnixonaga borsangiz u yerda ko’plab,  “Napoleon”, “Kutuzov”, “Stalin, “Brejnev” va hatto “Karimov”larni ham uchratish mumkin.

Ular o’zlarini shu nomlar bilan ataydilar va haqiqat shunday ekanligiga chin dildan ishonadilar.

Do’xtirlar ham, palatadoshlari ham ularni shu nom bilan chaqiradilar. Hatto o’lganda shu nomlarini aytib, duo ham qilgan hollarini eshitganmiz.

Shunday ekan, ajablanishga o’rin yo’q: dunyoning bir qismi jinnixonadir!

2005.

Manfaatlar to’qnashganda

SAVOL: AQShning Iroqda olib borayotgan demokratiya siyosatini, Evropa mamlakatlari neft uchun bo’layotgan kurash deyishmoqda, hamda AQSh hukumati bo’lsa, hali Iroqda demokratiyani o’rnatib bo’lmasdan Eronda demokratiya o’rnatishni istab qoldi, yana nima desa bo’ladi, bu meni fikrim, agar AQShda 2001 yil, 11 sentyabr voqeasi bo’lmaganda, Afg’onistonda, Iroqda va qolgan qashshoqlashgan mamlakatlarda demokratiya o’rnatilmas edimi? (Qirg’izboy).

JAVOB: 2001 yildan oldin ham AQSh bir qator mamlakatlarda demokratiya o’rnatish siyosatiga ega edi. Chunki bu uning manfaatlaridan kelib chiqadi. 2001 yil esa ana shu siyosatning ayrim nuqtalari, harakat turlari hamda jug’rofiy yo’nalishini o’zgartirdi.

AQShga ham qiyin. Biror diktator yoki yakkahokim rejimni tanqid qilsa, “Gap bilan ish bitarmidi!” deyishadi. Masalan, o’zimizning muxolif qarashdagilar haliga qadar AQShni Karimovga nisbatan yumshoq davranishda ayblab keladilar. Aslida esa, AQSh Karimovni 10 yil oldin qanday tanqid qilgan bo’lsa, bugun ham tanqidning tuzi pasaygan emas. Bunga AQSh Davlat departamentining har yili bir marta e’lon qiladigan Inson huquqlari bo’yicha hisobotini olib, yilma-yil solishtirsangiz ishonch hosil qilasiz. Keyingi yillarda tanqid hatto kuchlanib, ba’zi hollarda iqtisodiy sanktsiyalar darajasiga qadar etganini ham ko’rasiz.

Ammo diktatorlar bunday siyosatni oyoq uchi bilan ko’rsatsalar, mensimasalar, xo’sh nima qilish kerak? Bir tomonda chora ko’r deganlar, ikkinchi tomonda mensimaganlar.

Falakning charxi aylanib, AQSh Karimovga qarshi urush ochib qolsa bormi, bugun uning dushmani bo’lganlar ham uni himoya qila boshlaydilar. “Bu Muruntov oltini uchun bo’ldi”, “Bu o’zbek paxtasi uchun bo’ldi” hatto “Bu Maqsudiylar uchun bo’ldi” deganlar ham topiladi.

Xullas, siyosat mana shunaqa. Kosovoda musulmonlar qatliom qilinganda butun dunyo jim ekan, AQSh himoyaga borganda mayli, ammo diktator Saddamni ag’darsa, yo’q! Bu ham siyosat!

Amerikaning o’zida ham bu siyosat qutblashmaga olib keldi va odamlar har kuni shu mavzudan bosh chiqarmaydilar. Mana siz bilan biz ham shuni gaplashayapmiz.

Eron borasidagi xavotiringizga kelganda esa, Vashington Tehronga urush ochishiga ishonmayman. Chunki Bushning to’rt yili qoldi. Keyin ketadi. U “Yo’q” deb turibdi, hatto istaganda ham kongress izn bermaydi. Chunki u ketgandan keyin kongress qoladi va saylovga chiqadi.

Ha, “Kongressda Bushning partiyasi hukmron-ku” deyishingiz mumkin. Demokratik rejimda bu u qadar vahima emas. Yaqinda Bushning xavfsizlik borasidagi qonun-taklifiga birinchi bo’lib demokratlar emas, respublikachilar qarshi chiqishgani va Bush ular bilan murosaga borgani buning bir misolidir.

Butun dunyo gapirayotgan va o’nlab kitoblarga sig’mayotgan mavzuni qisqa bir savol-javobga joylash qiyin.

Muxtasar qilib aytganda esa bu ishni AQSh bajaradimi, o’sha xalqlarning o’zlari bajaradilarmi, lekin baribir demokratiya yoyila boradi. Buni to’xtatish mumkin emas. Chunki odamlar oq va qorani tanib olishmoqda.

Ilgarigi kabi dunyo bir fikrli, yoki ikki fikrli emas, balki plyuralizm davridir bugun. Hatto Arabiston tomonlarda ham demokratiya istab, namoyishlarga chiqish ehtimoli paydo bo’lgani Xudo hokimiyatni kimlargadir muhrlab berib qo’ymaganini oddiy odamlar tushuna boshlaganlaridan dalolatdir.

Har qanday urushlar va qon to’kilishlariga qarshiman. Buni yuragimga sig’dira olmayman. Lekin bu reallik emas, xayol, utopiyadir. Demak, utopist ekanman. Ammo ayni paytda yorug’ kelajakka ishonaman. Afg’oniston va Iroq bugun katta yo’qotmoqda, lekin zulmatdan yorug’likka tomon katta kelajakni qo’lga kiritmoqda ham.

2005.

Savolar…savollar…

SAVOL׃ Nimadan boshlashni ham bilmayman. Men iqtisodchiman, hali talabaman, yoshman. Mavjud dunyoqarashimu fikrlash doiramni sizning ijodingiz mahsullari, aniqroq aytilsa, boshdan kechirganlaringiz umuman o’zgartirib yubordi.

Sizdek sheryurak demokrat bu quzg’unlarni dodini bera olmabtimi, demak, bular katta kuch! Meni bir fakt juda hayron qoldiradi, Islom Abdug’anievich mavjud kamchiliklarni yashirishga urinib, vaziyatni yanada tahlikali ko’rinishga olib kelayotganini nahotki tushunishmasalar?

Yig’ilgan boyliklaru, harom mol dunyo kimga vafo qilgan? Xalqning sabrini o’lchashga qaror qilishganmi? Tushunarsiz…

Hozir Shavkat Mirziyoev yoki Erkin Xalilov o’rnida sizning nomingiz bo’lishi mumkin edi. U holda men va menga o’xshagan hozircha faqat tomoshabinlar bilan elektron pochta orqali fikrlashib ham o’tirmas edingiz. Umuman Jahongir Muhammad degan Jaloliddindek qahramon ham yuzaga kelmas edi.

Xo’sh, sizni bu harakatga undagan ichki olov ularda yo’qmi? Yoki sizning “olov”ingizni sotib ola olishmaganmi? Bunga pullari etmaganmi? O’zi kishining “narxi” mavjudmi? Sizni ham “rozi” qilish mumkinmidi? Yiroqda unga qarshi kurashgandan o’z xizmatida bo’lishingiz uning uchun manfaatliroqmasmidi? Sizni nima majbur qildi? Ularda shu “nimadir” mavjudmi, yo’qmi?

Mamlakatni shu ahvolga olib kelib, “oxirgi to’rt besh yil ichida mamlakat iqtisodiyotida misli ko’rilmagan o’sish kuzatildi” deya bayonot berish kimga kerak?

Jahon Valyuta Jamg’armasigami, Evropa Tiklanish va Taraqqiyot Bankigami? Ularni o’z axborot manbaalari mavjudligini bayonotni e’lon qiluvchi bilmaydimi? Buning uchun aql kerakmi? Yoki “mamlakat iqtisodiyoti” so’zi “mansabdorlarning shaxsiy boyliklari” so’zi bilan almashtirib yuborilganmi? Tushunarsiz…

Ko’rinib turibdiki, ba’zi bir muxolifatchilar bilan taqqoslaganda siz ancha jiddiy “donasiz”. Agar xavfni bartaraf qilish maqsadida “yo’q qilish” harakati boshlansa, siz ro’yxat boshida bo’lishingiz aniq. Ammo emishki, “uning boshi falon kronaga baholanmish”. Yolg’on imidjdan kimga foyda? Stsenariy boshidan oxirigacha kim tomonidan sahnalashtirilganiyu, kimning asariligi ko’rinib turiptiku? Shunday muxolifatlarimizni, ularning garchi mamlakatdan quvg’inda bo’lsada hamjihat emasliklarini ko’rgan jahon jamoatchiligi “o’zbeklar diktaturaga moyil, aks holda milliy nizolarni hal qilib berishdan boshimiz chiqmaydi” degan xulosaga kelishmaydimi?

Manfaatlar birlashganda ham kishilar birlashmasligi mantiqsiz holdir, hatto “o’rmon qonuni” da agar vaziyat og’irlashib ochlik boshlansa shoqollar ham kattaroq o’ljalarga birga hujum qilishib, uni ovlamaguncha bir-birlariga pand bermaydilar, aksincha hamma baholi qudrat ovga hissa qo’shadi. Fikrimcha muxolifatimiz oldin “monopol” bo’lib olib keyin, hukumatga qarshi kurashmoqchi. Birinchi kurashda asosiy kuch yo’qotilsa, ikkinchi, hal qiluvchi kurashdan nima kutamiz? Bu ham tushunarsiz…

Biz hozir olamda muqobili mavjud bo’lmagan diktator yaratdik, bu o’z-o’zidan bo’lmagani hech kimga sir emas. Nahotki hokimiyat tepasida unga ta’sir o’tkaza olgan kishi bo’lmagan? Nahotki shunday “qobiliyatlilarni” yo’q qilishdan boshlangan bo’lsa ish? Buni bila turib ham unga xizmat qilishga hozirlar mavjudmi? Manqurtlardan iborat boshqaruv tizimi istiqbolini ko’ra olish uchun munajjim bo’lish shartmi? Qachongacha shu zaylda davom qildirishmoqchi? Tushunarsiz…

Men sizga ochiqdan ochiq xat yozishga qo’rqaman. Bu sizga ishonmasligimni bildirmaydi! Axir siz meni Islom Abdug’anievichga “sotib” nima foyda topasiz? Men o’zimdan o’zim qo’rqaman! Faqatgina o’zbeklarda mavjud “devorning ham qulog’i bor” kabi maqollar ushbu doimiy ishonchsizligimiz mentalitetimizga tarixdan merosligini yaqqol namoyish etadi.

Xo’sh men kimdan qo’rqaman? Biz kimdan qo’rqamiz? Nega birlashib bu qo’rquvni daf eta olmaymiz? Bizga bu ishni kim qilib beradi? Keyin biz o’shaning xizmatini qilamizmi? Bu qachongacha davom etadi? Tushunarsiz… (Ismini yozmagan muallif).

JAVOB: Bu yurakni o’rtagan savollar majmuasidir va javoblari ham o’zi bilan birga. Ularni ajratmoqchi va har biriga alohida to’xtalmoqchi ham bo’ldim. Ammo qarasam, hammasi bir-biriga bog’liq. Faqat uning o’zim haqimdagi iliq so’zlarini bundan keyin ham demokratiya uchun kurashni to’xtatmaslika chorlov deb qabul qildim.

Aslida bu savollarga javob bergandayman. Ha, “Quvg’in” romanida va “IAK” memuarida xuddi shu savollarga javob topishingiz mumkin. Vaqt topib o’qishingizni istardim.

2005.

Surat va siyrat

SAVOL: Sahifangizni yangilabsiz ancha ranglarga boy veb-sahifa tayyorlanibdi. Siz ham ancha o’zgaribsiz, ya’ni yillar o’tgan va ko’rinishingiz ham ancha xorijlik ya’ni amirqoliklarga o’xshabdi, shunga bir SAVOL: avvalgi rasmingiz ancha ravshan va tiniq edi, lekin bu sahifangizdagi suratingiz xiraroq, nimaga shunday ekan-a? Sizni ravshan suratingizni ko’rishni istagan muxlisingizdan. (Farmon).

JAVOB: Bu menga yoqqan savollardan biri. Chunki haqiqat va kinoya juda ustalik bilan, o’zbekona uslubda bayon etilgan savol.

Avvalo shuni aytayki, shu kabi xatlar bois takror suratning eskisini qo’ydim. Chunki yangi surat kompyuterimda yaxshi ko’ringan holda. boshqa joylarda xira ko’rinibdi. Hatto Farmonbek yozganlaridek, surat emas rasm bo’lib ko’ringan. Aslida rasm suratga nisbatan xira bo’ladi. Lekin meniki rasm emas edi-da.

Qolaversa, buning ham ko’p sabablari bor. Ba’zan kompyuter eski bo’ladi. Ba’zan ko’zimizga ko’zoynakni taqmasdan qarashimiz mumkin yoki yillar ko’zimizdagi nurni biroz o’g’irlab qo’yganini sezmay qolamiz…

Amriqolikka o’xshab qolganim haqidagi gapga esa uncha qo’shilmayman. Chunki juda ko’p mamlakatlarda yerli xalqlarning o’ziga xos, milliy ko’rinishlari mavjud, hatto Avropadagi juda ko’p mamlakatlarning odamlarini yuzlaridan tanishingiz mumkin. Ammo Amerikada bunday emas. Amerika xalqi butun dunyodan kelgan odamlardan tashkil topgan. “Amriqolik” degan ko’rinish yo’q. Agar asl amerikaliklar bo’lgan qizil tanlilarni nazarda tutgan bo’lsangiz ularning kelib chiqish nuqtasi bilan turklarniki ayni-Oltoy. U holda aslimizga o’xshab qolgan bo’lsak nur ustiga a’lo nur.

Gap shundaki, rasm xira bo’lishi mumkin, ko’rinishda o’zgarishlar yuz berishi tabiiy. Ammo tafakkur, zehniyat, dunyoqarash va o’zlikda, voqealarga munosabatda, kelajakka boqishda xiralik bo’lishidan Tangri asrasin.

Shu bois sizdan iltimos, kelgusida sahifamga yana ko’plab qo’yadiganim–suratimga u qadar e’tibor qilmang, balki siyratimga nazar soling va yozganlarimda xira nuqtalar bo’lsa, meni voqif eting. Bu bilan menga ulkan yordam bergan bo’lasiz.

2005.

Xalqqa emas, xotinga

SAVOL: O’zi tashqarida bo’la turib ba’zilarlar xalqni ko’tarilishga chorlashyapti, ayniqsa, saylovlar arafasida buni ko’p kuzatdik. Sizningcha bu to’g’rimi? (O’zbek yigiti).

JAVOB: Saakashvili xalqni ko’tarilishga chorlaganda Avropada emas, Tbilisida edi, Timoshenko va Yushchenkolar ham Amerikada emas, Kievda edilar…

Xalqni ko’tarilishga tashqaridan turib chorlash bu faqat o’z-o’zini, o’z hirsini qoniqtirishdir.

Xalqni ichidan turib ko’tarmasangiz u o’zicha, ayniqsa diktatura sharoitida, qo’zg’almaydi.

Bozorini ko’chirsangiz, yerini olsangiz, uyini buzsangiz qo’zg’alishi mumkin, ammo bu oddiygina va’da bilan yotqiziladigan ko’tarilishdir. Bu siyosiy ko’tarilishga qadar o’sib chiqishi uchun u bilan yonma-yon turib, uni boshqarish kerak.

Tashqaridan turib, xalqni ko’tarilishga chorlash “Sen oshni pishirib qo’y, men borib eyman!” degan falsafaning mahsuli. Bu falsafa faqat xotinga o’tishi mumkin, xalqqa emas.

2005.

Tanqidning foydasi

SAVOL:”Farangeyt 9/11″ hujjatli filmini ko’rdingizmi, undagi Bush haqidagi gaplar to’g’ri deb o’ylaysizmi? (Sardor).

JAVOB: Ko’rgan edim, bundan qariyb olti oy oldin. Unda shu qadar ko’p narsa borki, unisi to’g’ri, bunisi noto’g’ri deb baho berish uchun butun boshli FBR kabi bir tashkilotning kuchi kerak bo’ladi.  Zotan muallif Maykl Murning o’zi ham filmga baho berib, “Bu mening shaxsiy qarashlarim” degandi.

Film muallifga 200 million dollardan ziyod foyda keltirish bilan birga xalqaro Kan kinofestivalida g’olib chiqdi. Amerikaning 21 million fuqarosi ovoz bergan “Xalq tanlovi” konkursining ham sovrindori shu film bo’ldi va yilning eng yaxshi asari, deb e’lon qilindi.

Ayni paytda film Bushga ham saylov arafasida foyda keltirdi. Ko’p odam Amerikada demokratiya bo’g’ilmoqda, tanqidga toqat yo’qolmoqda, deb turgan bir paytda Bushni yerdan olib ko’kka uloqtirgan, ko’kdan olib yerga urgan hujjatli film mamlakatning kinoteatrlarida uzoq muddat namoyish etildi va disk sifatida kino prokatlarga chiqdi. Amerika tarixida eng ko’p tomosha qilingan hujjatli filmga aylandi. Film bahonasida Bush haqida tanqidiy mulohazali chiqishlar hozirlamagan matbuot vositasi qolmadi.

Yana bir qiziq detal: film hamma joyda namoyish etilib, tortishuvlar borayotgan bir paytda Bushning tarafdorlari respublikachilar partiyasining qurultoyiga to’plandilar. “USA Today” gazetasi respublikachilarning g’azabini uyg’otgan film muallifi Maykl Murdan ana shu qurultoyda qatnashib, reportajlar yozishni so’radi. U qurultoydan yo’llagan reportajlari ham filmi qadar achchiq, tanqidiy edi.

Bunday holni boshqa joyda tassavvur qila olasizmi?

Bu ham demokratiyaning bir ko’rinishi.

Qarashlar uchun hurmat

SAVOL: Barcha savollarga javoblaringizni o’qib chiqdim, ko’p fikrlaringizga qo’shilaman, lekin ba’zi narsalarga  qo’shilmadim, masalan Amerika haqidagi gaplaringizga, nega Iroqni ishg’ol qilib turgan Amerikani buncha maqtaysiz? (Sahiy).

JAVOB: Bilasizmi, Amerika haqida butun amerikaliklar tinmay gaplashishgani bois ko’proq O’zbekiston haqida bahslashishni istar edim, lekin savol berilgani bois baholu qudrat javob berganman.

Javoblarim qat’iy qoidalar emas-shaxsiy qarashlarim. Kimgadir yoqishi yoki kimgadir yoqmasligi tabiiy. Bir yil oldingi javobim bugungisiga zid tushib ham qolishi mumkin. Chunki shu bir yilda dunyo o’zgargani kabi inson ham, uning qarashlarida ham o’zgarish bo’lishi tabiiy hol.

Ammo fundamental qarashlar mavjud va ular osonlikcha o’zgarmaydi. Shulardan biri demokratiya haqidagi qarashlarimdir.

20 yil oldin ham demokratiya tarafdori edim va bundan keyin ham shunday bo’lib qolishiga ishonchim mavjud.

Bilasizmi, Karimov yomon deb O’zbekistonni, o’zbek xalqini haqorat qilish to’g’ri bo’lmaganidek,  ma’lum bir voqealardan kelib chiqib (masalan, Iroq voqeasi) butun boshli Amerikani qoralashga ham  qo’shilmayman va bunday holda Amerikani himoya qilaman.

Demokratiya sharoitida hukumatlar, rahbarlar kelib ketuvchilardir, demokratiya va mamlakat esa qoluvchidir.

Odil bo’lishimiz kerak. Agar:

-Qutayba askarlari O’rta Osiyoni bosib olgandi, qon to’kilmagan xonadon qolmagandi, xalqning dinini o’zgartirish uchun har bir uyda bittadan arabni qilich bilan qo’yishgandi va ular  yosh go’dak qizlarni zo’rlagandilar, besoqolbozlikni yoygandilar, deya islomni ayblasalar nima degan bo’lar edingiz?

-Amir Temur Turkiyani ishg’ol qilgan edi, mamlakatni qonga bo’yagandi, deya bugun turklar O’zbekistonni qoralasalar yoki o’zbeklarni haqoratlasalar qanday javob qilardingiz?

-Bobir Hindistonni bosib olgandi, deya hindlar o’zbeklarni “qotillar” deb e’lon qilishsa o’zingizni qanday his qilgan bo’lardingiz?

-Mesxet turklarini o’zbeklar quvib chiqardilar, deb aytishganda nega jahlimiz chiqadi?

Chunki tashhis noto’g’ri.

Qarashlarim qoidadir, istaysizmi yo’qmi, shu haqdir, desam, u holda diktatorlardan farqim qolmaydi. Fikrlarimga qo’shilmaslik  esa sizning ham o’z qarashingiz borligini ko’rsatadi va birinchidan, sizga nisbatan hurmat uyg’onsa, ikkinchidan, qarashlarim, fikrlarim o’ziga xos ekan, deya xursand bo’laman.

Qarashlar uchun sud qilmaydilar, qarashlar uchun hurmat qiladilar. Bu demokratiyaning xosiyatidir.

Amerika haqida hamma gapni matbuotdan yoki internet tarmog’idan topish mumkin. Bu ochiq jamiyat. Tanqidni ham, maqtovni ham, tahlilni ham, xulosani ham bizdan oshirib yozib qo’yishgan va yozishmoqda ham. Lekin O’zbekistonda bunday emas, O’zbekiston yopiqli qozon. Shu bois ko’proq ana shu haqda gaplashsak yomon bo’lmasdi.

Iroqqa kelsak, Amerika iroqliklarning talabi va Bushning xatosi bilan kirdi va bir kuni tashlab ketadi. Mana ko’rasiz.

2005.

Butunlashish tomon…

SAVOL: Bir davrada o’tirib, qolib “sart” degan so’z qaerdan kelib chiqqaniga talashib qoldik, shu so’zga aniqlik kiritsangiz, chunki tarixni ancha yaxshi bilasiz. Mani fikrimda, oldinlari qozoqlarni qozoq desak, ular bizga ey sart deb javob qaytarishar edi, shunga menga bu so’z xuddi haqorat so’zdek tuyuladi… shunga siz nima deysiz? (Sardor).

JAVOB: Tarixni yaxshi bilish mushkul. Chunki tarix shu qadar buyuk ummonki, uning bir qatrasini tomosha qilish uchun ming umr etmaydi…

Endi savolingizga kelsak, Sovet davridagi tarixiy asarlarda “sart” kalimasida ikki ma’no bo’lgani yozilardi. Masalan, “O’zbek tilining izohli lug’ati”da shunday deyiladi:

“SART(sanskript)tarixiy.

1.Ko’chmanchilikdan o’troq holga o’tib, qabila, urug’chilik munosabatlariga barham bergan o’zbeklarning ayrim qismiga revolyutsiyadan oldin berilgan nom.

2.Revolyutsiyadan ilgari hozirgi O’zbekiston territoriyasidagi mahalliy xalqqa evropaliklar tomonidan berilgan nom.”

Rasmiy-ilmiy qarash shunday edi. Hatto O’zbekistonga nom berish jarayonida “Sartiya” nomi ham qattiq muhokama etilgan va oz qolsin shunga qaror ham bermoqchi bo’lishgan.

Xalq orasida shaharliklar o’zlarini yuksak mavqeda ko’rib, “o’zbek”, qishloqliklarni esa kamsitib “o’zbak” deyishsa, qishloqliklar shaharlarda yashaganlarga past nazar bilan qarab “sart” deyishgan.

Xuddi shunday qozoqlar ham o’zbeklarga nisbatan “sart” kalimasini ishlatishganda ana shunday maqsadni ko’zlashgan. Lekin bu mahalliy doirada bo’lib siyosiy maydonga chiqmagan.

Sovet davridan oldingi manbalarda ham “sart” kalimasi ko’p uchraydi. Masalan, Herman Vamberining ‘Turkiy xalq” degan asarida sartlar alohida bir xalq sifatida tasvirlanadi. Ular turkiy tilda gapiradigan oriylar ekanligi aytilib, o’zbeklar bilan tili bir bo’lishiga qaramasdan bir-biridan uzoq turishi zikr etiladi.

“O’zbeklar sart deganda ayyor, ishonchsiz odamni tushunganday ularga past nazar bilan qarashadi. O’zbeklar sartlar bilan kamdan kam qarindosh bo’ladi…

Sart degan nom 800 yildan beri mavjud. Sartlar boshqa millat sifatida tojiklardan farq qiladi, shuning uchun hech shubhasiz aytish mumkinki, sartlar o’tgan ming yillardayoq turkiy tilda gapirayotgan va turklar bilan aralashgan holda mavjud bo’lishgan… sartlarning jug’rofiy tarqalishi: qadimiy Farg’ona va O’rta Yoqsartda zich bo’lib yashagan…(“O’zbegim”, 1992, Toshkent, olmonchadan Turdiboy Shodmonov tarjimasi).

Zaki Validiy “O’zbek urug’lari” haqida yozar ekan, uning 92 ta ayri nomlangan bovi (qabilasi) bo’lgan deydi.

Tarixning ichiga qarab ketaversangiz, ummonda bo’g’ilgan kabi nafas ololmay qolasiz. Bo’g’ilmaslikning yo’li esa tarixdan to’g’ri xulosa chiqarishdir. Aks holda maydalashib, o’zingizni mayda urug’ning mansubi sifatida ko’rib, bo’g’ilib qolasiz. Afsuski, hali to’g’ri xulosa chiqarish darajasiga etilmadi, shu bois ham oddiy bahslar oxiri yoqavayronlikka boradi.

Balki shundan bo’lsa kerak, ikki o’zbek uchrashib qolsa, yoki bir davrada o’tirib qolishsa, asosiy vaqtni kimning qaerdan, qaysi qishloq, qaysi urug’dan ekanligini surishtirish uchun sarflashadi. Oxirida kimdir sart, kimdir andi, kimdir qora qirg’iz, kimdir eroniy, kimdir nayman, arg’in, ming, yuz, qirg, ungajit, qipchoq, busloq, churchut, olchin, mang’it… va hokazo va hokazo bir-biriga raqib bo’lib chiqadi.

Shu boisdan ham turkning orasida birlik yo’q.

Shu boisdan ham Karimov, Nazarboev, Niyozov kabilar osongina bu odamlarni bir-biriga dishman qilib qo’yishmoqda.

Qachonki ana shu “mayda-chuydalikdan” qutulib, buyuk turklik his qilinsa va men turk degan kalimadan iftixor qilinadigan bo’linsa, o’shandagina bu xalqlar katta millatga aylanadi va bu millatning quyoshi porlaydi.

2005.

Hali O’zbekiston ro’yxatda yo’q

SAVOL: Qaerdadir “Tanlov” degan yoshlar tashkiloti borligi haqida o’qib qoldim. Lekin O’zbekiston yoshlarining ko’pchilik qismi bu tashkilotning nomini ham eshitmagan bo’lsa kerak. Bu tashkilotning tuzilishi revolyutsiya eksportining 1-muvaffaqqiyatsiz qadamimi? Bundan keyingi harakatlar qanday bo’lishi haqida fikrlaringizni o’rtoqlashsangiz.(Bahrom).

JAVOB: Uzr, bunday tashkilot haqida menda ham batafsil ma’lumot yo’q.

Revolyutsiya eksporti ro’yxatlarida esa O’zbekiston bo’lmasa ham kerak. Chunki oddiygina odam ham bu mamlakatda har qanday urinish kuch bilan bostirilishini va begunoh odamlar qonga bo’yalishini yaxshi tassavvur qila oladi.

Ilgari ham bu haqda yozib, tinch yo’l bilan bo’ladigan inqilob uchun faqat Qirg’izistonda qisman zamin borligini ta’kidlagandim.

2005.

U bilguvchidir!

SAVOL: Tsunamidan keyin Indoneziyada, jumladan Ahexda machitlar buzilmay qolganini “Xudoning mo’jizasi” deb yozishmoqda. Nega Xudo odamlarni emas, jonsiz machitlarni asradi ekan? Nima deb o’ylaysiz? (Nosirxon)

JAVOB: Buni hayit kuni berilgan shaytoniy savol deb javob qilmasam ham bo’lardi. Lekin qachongacha shaytoniy savollardan qochish mumkin?

Bilasizmi, Xudoning ishlarini bandasi tushuna olmaydi, taxmin ham qila olmaydi. Bunga hatto payg’ambarlar ham qodir bo’lmaganlar. Shu bois qaysi narsa mo”jiza va qaysi biri mo”jiza emasligini ham aytish qiyin. Sizu menga mo”jiza bo’lib tuyulgan narsa laboratoriyada o’tirgan bir olimga oddiy hol bo’lib tuyulishi ham mumkin.

Siz aytgan mavzu ham dunyo matbuotida, jumladan AQSh matbuotida ham ko’p yoritildi va xuddi siz bergan savolning tug’ilishiga sabab bo’ldi.

Qaerdadir “Faqat machitlar omon qoldi” deyilgan va televidenielarda ko’rsatilgan bo’lsa, qaerdadir buzilmay qolgan cherkov namoyish etildi, hatto cherkovda o’yinchoqlariga qadar suv tegmagan bezatilgan archani ko’rsatib, “Bu Xudoning mo”jizasi”, deyishdi.

Shundan keyin ba’zi odamlar ochiqdan-ochiq siz kabi “Nega Xudo begunoh bolalarni, onalarni emas-da binolarni qutqazdi?” deya savol bera boshladilar. Agar bu shaytoniy savol bo’lsa, demak mavzu shaytonga qo’l kelib qolgan. Bu esa mazkur xabarlarni diniy tomonga yo’ygan odamlarning bilib-bilmay qilib qo’ygan “xizmat”lari.

Buzilmay qolgan machitlar yoki cherkovni tepadan, vertoletdan turib olingan hikoyasini tomosha qilgan boshqa va yoniga borib masalani idrok qilgan boshqa.

“Chunki bu binolar asosan aylana ustunlar ustidadir va ichkari kenglik, tashqaridan kelgan suvning ikkinchi tomondan chiqib ketishi qulay bo’lgani bois qarshilik kuchi sinadi. Zamonaviy dunyoda suvning qarshiligini sindirish uchun “aylana” qoidasidan foydalaniladi” dedi buzilmay qolgan binolar yoniga borgan bir olim.

U minoralar buzilmay qolishida ham shu narsa rol o’ynagan bo’lishi  mumkinligini, shuningdek, ibodatgohlar ko’pchilik kirib-chiqadigan joy bo’lgani uchun ancha mustahkam qurilganini ham aytdi. Dalil esa ko’plab kichik ibodatgohlarni suv olib ketgani va faqat bir nechta yiriklari qolgani ekan. Bunga javoban, “Xudo endi faqat katta ibodatgohlar istamoqda” deyishdi. Hatto “Odam qolmagan bo’lsa bu binolarda ruhlar ibodat qiladimi?” deganlar ham bo’ldi.

Shu darajaga borildi-ki, “Xudo bu bilan odamzotni jazoladi”, deb yozishdi ham. Bunga javoban esa “Jazolasa nega endi kambag’al bechoralarni tanladi?” degan savol  berildi.

Ayrimlar esa AQShda ob-havoning buzilib ketgani oqibatida yuz bergan tabiiy ofatlarga ishora qilib, “Mana endi Xudo AQShni jazolamoqda” deyishdi. Lekin AQShda yuz bergan o’nlab tabiiy ofatlarda barmoq bilan sanarli darajada oz kishi halok bo’ldi. Shunday narsa boshqa joylarda yuz berganda bilmadim, natijasi qanday bo’lardi?

“Hammasi Xudodan, istasa suv bilan yuvib ketadi, istasa asrab qoladi” deb hech narsa qilmay turadigan odam oqib ketishi va  biror narsaga osilib jonini qutqazishga intilgan kishi omon qolishi mumkin, degan falsafa ham mavjud. Xullas, bular ham gap. Elning og’zini bog’lab bo’ladimi?!

Nima bo’lganini (ba’zi olimlar ham bilar) va nima bo’lishini Tangrining o’zi biladi. U bilguvchidir!

Sarguzasht va sargo’zasht

SAVOL: Siz nomlanishida xatoga yo’l qo’yilganini aytganingizdan keyin Sherzod Ro’zmetovning “Yigitlik sarg(o’)zashtlari” veb-kundalik sahifasi nomi “Yigitlik sarg(u)zashtlari” deb tuzatildi. Ammo muallif bu aslida xato emas, forschada to’g’ri deb yozgan. Shunday ekan, tuzatishga nima hojat bor edi? (Aslida bu savolim sizga emas, unga) Sizga esa savolim quyidagicha: umuman o’zbek tilida mana shunday xato kirib qolgan so’zlarni tuzatib borgan yaxshi emasmi, nega bunga qarshilik qilgansiz? (Ma’rufjon).

JAVOB: Al-qissa:

Xatoni tan olmagan er, ermas,

Xatoni tan olmoq oson ermas…

Albatta xatolar tuzatib borilgani yaxshi. Lekin har qanday so’zning etimologiyasiga nazar tashlaganda bir tildan ikkinchi tilga o’tishida nima uchun o’zgarishga yuz tutganini o’rganmasangiz yana ham katta xatoga yo’l qo’ygan bo’lasiz.

Masalan,  “sarguzasht”  bilan bo’lgani kabi.

Haqiqatan ham men Sherzod Ro’zmetovga quyidagi maktubni yozdim:

”Salomlar…

Sahifangizda til haqida yaxshi mulohazalar mavjud. Endi uning nomidagi “o’” harfini “u” qilib tuzatsangiz, nur ustiga a’lo nur bo’ladi. Chunki “Yigitlik sargo’zashtlari” emas, balki “Yigitlik sarguzashtlari” yozilsa, til nuqtai nazaridan to’g’ri bo’ladi.

Bunga veb sahifa muallifining javobi:

“Rahmat!

O’zbek tilidagi imlosida shubham bo’lgani uchun fors tilidagi talaffuziga suyangandim. Shu kunlarda tuzataman!”

Shundan keyin u yana sahifasida quyidagini e’lon qildi:

“Sarguzasht”mi yoki “sargo’zasht”?

Al-qissa: sarguzasht = sar + go’zashtan

Ushbu maqola yozilish arafasida sahifamning nomi “Yigitlik sargo’zashtlari” edi. O’quvchilarimdan biri “sargo’zasht” so’zining imlosida xato qilganimni aytib o’tdi.

O’zbek tilining imlo lug’atida bu so’z “sarguzasht” shaklida yozilgan bo’lishi mumkin va bu qoidani hurmat qilishimiz shart! Tarixan esa “sarguzasht” so’zi Fors tilidagi “sar” va “go’zasht” so’zlaridan olingan. Xuddi shu bog’liqlik meni yanglishtirdi.

“Sar” so’zi o’zbek tiliga “bosh”, “kalla” tarzida tarjima qilinadi. “Go’zasht” esa fors tilidagi “go’zashtan” fe’lining o’tgan zamon shakli bo’lib, O’zbek tilidagi “o’tmoq”, “kechmoq” fe’llariga ma’no jihatdan yaqindir. Demak “sarguzasht” so’zining asl tarixiy ma’nosi “boshdan kechirilgan”, “boshidan o’tgan” deganidir.

Tilining har bir so’zi ko’hna tarixdan hikoya qiluvchi millat ko’hna millatdir. Uni tubanlikda ko’rish ichimni o’rtaydi, qonimni qaynatadi”.

Yaxshi gaplar… faqat lekini bor.

Ma’lumki, fors tilidagi ba’zi so’zlar istilolar paytida, davlat ishlari shu tilda olib borilgan paytlarda va ba’zilari tojik tili orqali kirib kelgan.

Umuman tillar bir-biridan, ayniqsa, qo’shnilarning tilidan, o’zlashtirilgan tartibda yoki aynan ko’chirma olgan holda boyib boradi va bunga tilshunoslikda tabiiy hol deb qaraladi.

Buning oldini olish mumkin emas, chunki og’zaki til adabiy tildan oldin yuradi va xalq ishlatgan so’zlar baribir yozma tilga ham ko’chadi.

Shu sabab so’zlar oldin og’zaki so’zlashuvdan va so’ngra adabiy tildan o’rin topishi an’anaviy rivojlanuv yo’li hisoblangan. Jumladan, turkiy kalimalar ham fors va arab tillariga kirib borgan. Hatto rus tilining qariyb qirq foyizini ana shu tillardan olingan so’zlar tashkil etadi.

Shundan kelib chiqsak, yuqorida bahs boisi bo’lgan so’zning o’zbek tilidagi yozilishiga nisbatan ona tilini biladigan odamda hech qanday shubha tug’ilmasligi zarur. Chunki mazkur so’z tojik tilida “sarguzasht” shaklida yoziladi. Bunga bir qancha dalil bor.(Qarang: “Farhangi zaboni tojiki”; Moskva, 1969, 278-bet, “Tadjiksko-russkiy slovar”; Moskva, 1954 yil, 106-bet, “Tajik-English dictionary”; Star Publication , 2000-yil, 55-bet va hokazo).

Agar yuqoridagi so’z fors tilida “sargo’zasht” deb yozilgan taqdirda ham tojik tilida “sarguzasht” deb olgan bo’lardilar. Chunki ularda “go’z” so’zi orqadan gaz chiqarish ma’nosini bergani va tojik tilida og’zaki talaffuzda “t” harfi tushib qolgani sabab “sargo’zash(t)” “Bosh o’sirog’i” (uzr, tahlil nuqtai nazaridan bu kalimani ishlatishga majburman-JM) ma’nosiga to’g’ri kelib qolgan bo’lardi. Bu so’zning forschada yozilishi “goz”, lekin tojik tilida “goz” tok qaychi ma’nosini beradi. Ana shunday omillar ham ba’zan so’zlarni o’zgartirib o’zlashtirishga olib keladi.

Ana endi muallifning fors tilida to’g’ri-yu lekin “O’zbek tilining imlo lug’ati”da shunday bo’lishi mumkin” degan kinoyasiga kelsak, shuni ta’kidlamoq lozimki, bu kalima qanday yozilishiga yuz foiz amin bo’lganim uchun “O’zbek tilining imlo lug’ati”ga qaraganim ham yo’q. Bu keng muomalada va har qanday o’zbek bilishi kerak bo’lgan so’zlardan biri. Chunki sarguzasht asarlarini o’qimagan bolani topish mushkul. Sherzod Ro’zmetov tez-tez murojaat qilib turadigan Navoiy hazratlari ham bu kalimani “sarguzasht” deb ishlatganlar. (Qarang: Navoiy asarlari lug’ati, Toshkent, G’afur G’ulom nashriyoti,1972, 548-bet).

Lekin fors tilidan anchagina xabardor bo’lganim bilan baribir xato qilmaslik uchun bilganimni manbalardan tekshirib chiqdim. Fors tilida yozilish shakli “gozasht” bo’lib, ba’zi mintaqalarda yozilgani kabi talaffuz qilinsa-da aksariyat Eronda “guzasht” deyiladi. (Qarang: “Persian-English dictionary”,  Tehron, 2002, 771 bet.)

Bunga qo’shimcha ravishda yana shuni aytish mumkin-ki, buz so’z qo’shni Afg’onistonda keng qo’llanilgan dari tilida ham “guzasht” shaklida yozilib, xuddi shu shaklda talaffuz qilinadi. (Qarang: “Dari-English”, Nebraska,1993, 604 bet.)

Ilmiy ishlarimning keyingi besh yildagi qismi tilshunoslikning leksikorafiya jabhasidan iborat bo’lgani uchun so’zlarning etimologiyasi ustida ko’p bosh qotirishimga to’g’ri keladi.

“Yigitlik sarguzashtlari” veb sahifasida yaxshi  mulohazalar bilan birga anchagina yanglish talqinlar ham mavjud. Ba’zilariga kompyuterga kiritishda yo’l qo’yilgan xatolar deya ko’z yumishga majburmiz. Bunday xatolar kaminaning sahifsida ham oshib-toshib yotgan bo’lishi mumkin.

Lekin gap veb sahifaning nomidan kelib chiqqani va bu xato doim jig’imga tekkani uchun ikki enlik xat yozgandim.

Aslida muallifning urinishlari maqtovga loyiq va bunday intilishlarni qo’llamoq kerak. Chunki shunday urinishlardan haqiqat maydonga keladi va yanglishlar tuzatiladi.

So’zlar etimologiyasi haqida so’z yuritganda “Ming eshitgandan bir ko’rgan afzal” iborasiga asoslanib, masalaga biroz ilmiyroq yondashilsa, qissadan hissani “handalak”ona chiqarmasdan, Sherzod aytmoqchi bo’lganidek, tilimizni tubanlikdan qutqazish va ichimiz yonib yurmasligi uchun zamin yaratiladi.

Aks taqdirda 1990 yillarda lotin tilidan olingan va  xalqaro muomalaga kirgan juda ko’p kalimalarni “ruscha” deya arabcha yoki forscha so’zlar, yanglish ma’no yuklangan iboralar bilan almashtirilgani kabi nafaqat kulgili, balki ilmiy-siyosiy xatolarga ham etib borish hech gap emas.

2005.

“Asp” bor ekan…

SAVOL: O’zbekiston Islomiy Harakati rahbari Tohir Yo’ldoshevning AQSh Markaziy Razvedka xodimi bilan uchrashgani haqida Internetda maqolalar chiqdi, shunday hol yuz berishi mumkinmi?(Yusuf).

JAVOB: Bunday narsalarga ishonmayman. Bular AQShni Hollivud (Hollywood) filmlaridagi kabi tasavvur qilganlarning to’qimalari bo’lishi mumkin. Aslida esa bugun bunday hol yuz berishi uchun hech qanday imkon ham ehtiyoj ham yo’q.

Birinchidan, O’IH AQSh Davlat departamentining terroristlar ro’yxatiga kiritilgan va hozir  respublikachilar hamda demokratlar orasida jiddiy tortishuvlar mavjud bir paytda shunday voqea yuz bersa, bu juda katta shov-shuvga aylanib ketardi.

Ikkinchidan, Markaziy Razvedka boshqarmasi rahbarlari almashtirildi va kongress bu idorani jiddiy ravishda elakdan o’tkazmoqda, nazoratda ushlab turibdi. Shunday paytda MRBning bunday qaltis o’yinlarga kirishini hech kim tasavvur qila olmaydi.

Uchinchidan, AQShning bunga hech qanday ehtiyoji yo’q. Aytganini Karimov kabi “asp”lar “labbay”deb bajarib turgan bir paytda shaxmat taxtasidan olib tashlangan “piyoda”lar bilan ish ko’rarmidi?! 2005.

Qo’rquv zehniyati

SAVOL: Qo’rqoqlik zehniyatdagi narsa, deb ko’p yozasiz, tashqaridan turib yozish, shunday xulosa qilish oson, lekin ichkaridagi vaziyat bu narsa zehniyat bilan emas, balki sharoit bilan bog’liqligini ko’rsatadi? Bu haqda o’ylab ko’rmaganmisiz? (Abror)

JAVOB: Qo’rqoqlik zehniyati haqida ilgari yozgan gaplarimni takrorlab o’tirmasdan, shuni aytmoqchimanki, tashqarida bo’lasizmi, ichkarida bo’lasizmi agar zehniyatingizda qo’rqoqlik bo’lsa, tizzangiz qaltirayveradi, hamma narsaga shubhalanasiz, jasoratga yaqin bora olmaysiz.

Bitta misol. Uzoq yil Karimovga chin dildan xizmat qilib, oxiri umidlari sarobga aylangan bir kishi Amerikadan boshpana olibdi. Ajab?! U menga pochta orqali yuborgan asarida Karimovni oz qolsin payg’ambar darajasiga etkazib qo’ygandi. Shu bois undan uzoq turdim. Ammo u tez-tez telefon qilar va mening yozganlarimdan orfografik kamchiliklar topganini, ayni paytda o’qib ko’zi ochilganini, saroydagi o’yinlardan voqif bo’lib, uxlay olmayotganini takror va takror aytar edi. Keyin-keyin u meni passivlikda ayblay boshladi, “Nimadir qilish kerak?”, “Bu zulmga qachongacha chidash mumkin?”, “Umringizni shunday o’tkazib yuborasizmi, faolroq harakat qilmaysizmi?”, “Vatanni qutqazish zarur! Bu ishni biz qilmasak, kim qiladi?” kabi dashnomlarni undan tez-tez eshitib turdim.

Avvaliga unga vijdonim buyurgan gapni Vatanda ham, tashqarida ham aytishdan bir zum to’xtamaganimni, Karimov bo’ladimi, Eshmat yoki Toshmat bo’ladimi, qarshisida qaltirab, qulluq qilmasdan yuragimdagi gapni ochiq aytib kelayotganimni tushuntirishga urindim. Bu uning uchun kam edi.

“Turonzamin” jurnalini tashkil qilish arafasida unga faxriy tahririyat a’zoligini taklif qildim. Shu kuniyoq undan elektron maktub keldi va jurnalda Karimov nomini ishlatmaslik, faqat “rejim” degan gap bo’lishi kerakligi, odamlar mening Karimovda shaxsiy alami bor, deyishayotgani haqida uzundan-uzoq pand  nasihat bergandi.

Uning faxriy tahririyat a’zolari ro’yxatida nomi turishdan vahimaga tushganini sezdim va qo’shmadim. U yana eskisi kabi meni jasoratga chaqira boshladi. Shunda unga bir elektron maktub yo’llab, o’zi istagan mavzuda, faqat rejimni fosh qiladigan, demokratiyaga xizmat qiladigan bir maqola yozib berishni hamda istasa buni bir taxallus ostida e’lon qilish mumkinligini aytdim.

Bilasizmi, javob nima bo’ldi, “Onam o’sha yerda, bu yil ham  o’tgan yildagi kabi onamni ko’rishga borishim kerak!…”

U yerdagilar kimning qanday yozishini uslubiga qarab bilib oladilar, degan vahima bor edi uning ichida. Vatanda turib Karimov haqida yozib, o’z ismini ochiq aytayotganlar qo’rqmasa-yu, AQShdan boshpana olgan bu odamning bahonasini (sharoit!) qarang!

Mana qo’rqoqlik zehniyati. Uning ismini yozmadim, yozmayman ham. Yuragi xurujlab, bir kor-hol yuz berishi hech gap emas. Voqeani batafsil bayon qilganimning o’zidan ham u qo’rqib ketishi mumkin. Uzr so’rayman. Aks taqdirda qo’rqoqlik zehniyatini ko’rsatish qiyin bo’lardi.

Menimcha qo’rqoqlik bunday odamlarning genida bor. Yo’q, qo’rqoqlik ota-bobodan o’tadigan irsiy kasallik desam bunday odamlarni oqlab  qo’ygan bo’lamanmi deb ham o’ylayman.

Ismini boshqa qo’yib, adresini boshqa qo’yib, boshqalardan jasorat talab qiladiganlar ko’p.

Ulardan ham ranjimayman. Chunki bu ularning qo’lida emas, bu ularning zehniyatida.

Qo’rquvni engib, o’z zehniyatini boshqara olish  hammaga ham nasib etavermaydi.

O’z zehniyatiga sohib chiqqanlar esa vatanda bo’ladimi, tashqarida bo’ladimi vijdonlari buyurganini birovlarga buyurmasdan o’zlari bajaradilar.

2005.

Ishonchni yo’qotgan odam

SAVOL: Gurjiston va Ukrainadagi kabi O’zbekistonda ham inqilob qilamiz deb jar solayotgan Muhammad Solihga xalq ergashmayotganiga qanday sabab bo’lishi mumkin. (Zafar).

JAVOB: Bu mavzuda ilgari batafsil yozgan edim. Xalqda ham, muxoliflarda ham unga ishonch yo’q.

Qolaversa, O’zbekistonda Gurjiston yoki Ukrainadagi kabi hol yuz bermasligi sababini ko’ra olmaslik siyosiy ojizlikdir.

Yana shuni qo’shimcha qilish mumkinki, Gurjiston va Ukrainadagi kabi vaziyat O’zbekistonda 1991 yilda va 1992 yilda yuzaga kelgandi.

1991 yilda 7-sessiyada Karimovni ketkazib, o’rniga Mirsaidovni olib kelish rejalanganda  huquq-tartibot idoralari xodimlari orasidan ham qo’shilganlar ko’p bo’lgan. Ammo Karimov bir kun oldin kechki ziyofatda Mirsaidov va Muhammad Solihni qo’lga ola bilgandi.

Mirsaidov sessiyada “Menga mansab kerak emas” desa, Muhammad Solih esa bizni tanqid qilib chiqqandi.

Keyin 1992 yil 2 iyulda ish boshlagan sessiyada Karimovning nutqini indamay o’tkazgan holda, unga yomon ko’rinib qolgan Oliy Majlis raisi Shavkat Yo’ldoshevni chetlashtirib, o’rniga qo’yiladigan yangi rais orqali yangitdan saylov belgilashni mening uyimda to’planib, kelishib olgandik. To’plangan deputatlar orasida Muhammad Solih ham bor edi. U 2 iyulga belgilangan mitinglarni bizga noma’lum bo’lgan sabablar bilan qoldirgani bir tomon, kelishuvni buzgan holda sessiyada Karimovga savol bermoqchi  bo’ldi va bundan foydalangan Yo’ldoshevning “Salay Madaminov o’rningizda o’tiring” degan gapiga jahl qilib, iste’fo berib yubordi. Bu bilan barcha rejalarni puchga chiqargan edi.

Unga ergashishmayotganining juda ko’p sabablaridan biri ana shu deb o’ylayman. Lekin kutib turing, ko’rasiz, garchi ishonchni yo’qotgan kishi ishtonni yo’qotgan kishi holida bo’lsada,  bu odam hali odamlarni ko’p laqillatadi.

2005.

Mushkullik

SAVOL: Londondan qaytib kelib, tushkunlikka tushib qolgandayman. Chunki men “Vatan”ga qaytib kelganimdan pushaymon chekmoqdaman. Menga maslahatingiz kerak. Internetda asarlaringizni ochish qiyin bo’lib bormoqda. Sizning kitoblaringizni O’zbekistondan topishning iloji bormi? (Ravshan).

JAVOB: Yo’q, kitoblarimni O’zbekistondan topa olmaysiz.

Ha, Internet orqali o’qishingiz ham qiyinlashib qolmoqda. Chunki borgan sayin O’zbekiston hukumati saytlarni ochishni mushkullashtirmoqda. Shunga qaramay, aylanib o’tadigan serverlar orqali ochishingiz mumkin yoki qidiruv sahifalariga o’zbekcha so’zlar, ismlar yozish orqali ham ko’p narsa topishingiz mumkin.

2005.

AQShning xatolari…

SAVOL:  Nega AQShning hozirgi kunda qilayotgan xatolari  ko’payib ketdi?(Farrux).

JAVOB: AQSh katta mamlakat va qaysi ishi yutuq va qaysi ishi xato ekanligini har kuni kongress muhokama qilib boradi hamda matbuot ham har kuni fikrini bildiradi.

Hatto qiziqchilar ham har kunligini har kun masxara qilib turadilar.

Ilgari ta’kidlaganimdek, bu ochiq jamiyat.

Qiziq, biz O’zbekistondagi ahvolni to’g’ri tahlil qila olmayotgan bir paytda AQShning xatolarini qanday ko’rayapmiz?

2005.

Mamlakatni boshqarish

SAVOL: Saytingizdagi qiziqarli savol-javoblarni o’qib, men ham o’zimni qiziqtirgan, bevosita Amerikaga ham aloqador bo’lgan narsani so’ramoqchi edim. “Free Mason”lar haqida nimani bilasiz? Ular haqida aytilayotgan fikrlarga qo’shilasizmi? Amerikani masonlar boshqaradi, deyishadi shu to’g’rimi?(Masud).

JAVOB: Bir paytlar SSSRni yiqitgan ham masonlar, Gorbachev ham mason, hatto niqob kiyib, ularning majlislarida qatnashadi, deb oddiy odamlar emas, mashhur rus va belorus yozuvchilari iddao qilishgandi.

Turkiyada yashaganimda esa, matbuot va yozilgan kitoblardan shunday fikr kelib chiqardiki, bu mamlakatni tuzgan ham, bugunga qadar boshqarib kelgan ham masonlar ekan, deb o’ylab qolardingiz. Turkiyada masonlarning “loja”lari yopiq shaklda ish olib borardi.

Amerikaga kelganimdan keyin bildimki, bu yerda masonlar ochiq ish olib borar va hech narsani yashirmas ekanlar. Bu dunyoni ma’rifat va madaniyat asosida, bir butun holda ko’rishni istagan odamlarning jamoasi ekan va endi xayriya faoliyatiga ega bo’lgan bir jamiyat holiga tushib qolibdi.

Ammo ilgari yashirin jamiyat nomini olgan  va turli mish-mishlarga bois bo’lgan. Bugun turli qarashdagilar yoki turli sohadagilarni birlashtirib, lobbichilik ishlarini olib boradigan bunday guruhlar juda ko’p. Masalan, “Kalla suyagi” guruhini kuchli va Amerikani boshqara oladi, deb ishonganlar ham yo’q emas va hatto bu haqda film ham qilishgan.

Demokratiya sharoitida siyosiy partiyalar mavjud ekan, bundan jamoalarning kuchiga ehtiyoj qolmaydi.

Ammo xuddi urush faxriylari, ovchilar, ersiz xotinlar, hatto besoqolbozlarning jamiyatlari bo’lgani kabi, turli qarashlarga ega bo’lganlarning  har xil guruhlari bo’lishi mumkin. Ular mamlakatni boshqarish darajasiga qadar ko’tarila olmaydilar. U holda siyosiy partiyalarga ehtiyoj qolmagan bo’lardi.

2005.

Geopolitik voqealar

SAVOL:Ayni paytda Osiyoda, xususan Iroq va Falastinda qirg’inbarot urushlar bo’layotgani, Markaziy Osiyo va Afg’onistonda urush tahlikasi, Qozog’iston va Turkmanistonning O’zbekiston bilan hududiy masalada musht tirab turishgani, endigina esdan chiqa boshlagan “sovuq urush” alangalarining Markaziy Osiyoda ko’zga tashlana boshlagani, Xitoyning Rossiya tomonidan imtiyozlar evaziga qiruvchi samolyotlar bilan qurollantirilayotgani, qurollanish poygasi, Eron va AQSh munosabatlari… bular  sizga nimani anglatadi? Nahotki sovuq urush bo’lishi muaqqaq va buning oldini olishning iloji yo’q? Bu masalalarning umumiy jihati bormi yoki shunchaki tasodifmi?(Yigit).

JAVOB:Bunday geopolitik hodisalar hamma vaqt bo’lgan va bo’ladi. Ularning oldinga bo’rtib chiqishi informatsiya jabhasining kengaygani bilan izohlanishi mumkin. Agar O’zbekistonda bo’lsangiz bularning ko’pidan bexabar o’tirar edingiz. Ammo chetda bo’lsangiz yoki mamlakatda bo’lib Internetga har kuni kira olish imtiyozingiz bo’lsa, tabiiyki bunday voqealar qarshisida o’ylanib qolasiz.

Bir paytlar katta-katta mamlakatlar suv ostida qolib ketganda va urushlar xalqlarning tinkasini quritib yuborganda dunyoning yarmidan ko’pi bundan bexabar bo’lgan.

Bugun esa qaerdadir qizi onasini xizmatkor qilib ishlatgani haqidagi xabarni o’qib, bir mulla ana dunyoning oxiri keldi, qiyomatga yaqin qoldi, deb va’z aytganini ham eshitganlar bor…

Bema’ni va aossiz

SAVOL:Eshitishimcha g’oyibiy, “mashhur”, “tillarda doston siyosatchi” Usmon Haqnazarov taniqli o’zbek jurnalisti Ismat Xushevmish, aniqrog’i, Ismat Xushev  “Men Usmon Haqnazarov taxallusi bilan I.A. Karimov kirdikorlarini fosh qildim” deya siyosiy boshpana olganmish. Shu haqda biror ma’lumotga egamisiz?(O’zbek).

JAVOB: Yo’q, biror ma’lumotga ega emasman. Shu bois ham xatingizni Ismat Xushevga yuborgan edim va uning javobi quyidagicha bo’ldi: “Bunaqangi bema’ni va asossiz savollar javob berishga arzimaydi.”

Ammo men har qanday savollarga javob beraman, deb va’da qilganim bois savolingizni e’tiborsiz qoldirmadim. Yuqoridagilarga shuni qo’shimcha qila olishim mumkinki, AQShdagi sudlarda tarjimon bo’lib qatnashgan bir tanishimning aytishiga ko’ra, “Usmon Haqnazarovlar ko’payib ketdi”.

Aslida “Haqnazarov”larning da’vosiga ishonganlar ham anqov. Chunki Usmon Haqnazarov imzosi ostida Karimov fosh qilingan emas, balki unga xizmat ko’rsatilgandi. Bu haqda anchagina yozgan ham edik.

Oyni  etak bilan yopib bo’lmaydi

SAVOL: Muxolifat liderlarini juda ko’p odamlarga siyosiy boshpana olishda ularga tavsiyanoma yozib bergan deb aytishadi, bu biznesning “rahmati” qancha turadi? Siz ham ularning ichida bormisiz?(Maqsud).

JAVOB:Mening kimlarga tavsiyanoma yozib berganimni AQSh muhojirat idorasi orqali tekshirtirishingiz mumkin. Zotan “do’stlar”dan biri ustimdan yozgan yumaloq xatlardan keyin rasman tekshirib ham chiqishgan bo’lishsa kerak.

Men o’z tashabbusim bilan birovga tavsiyanoma yozganim yo’q. Faqat ishlari sudda bo’lganda, yoki boshpana olishayotganda iltimos bilan murojaat qilishgani bois, Xayrulla Ismatullaev, Avazxon Muxtorov, Halima Usmonova, Navbahor Imomovaga yozib berganman. Bu qadar.

Shunda ham ularning shaxsi haqida emas, balki O’zbekistondagi rejimning har qanday odamga tahlikasi haqida yozganman. Bu ularga foyda berganmi yo’qmi, buni bilmayman. Men ulardan rahmat kutganim yo’q. Zotan ular bilan hech qanday aloqada ham emasman.

Muxolifat nomidan unga ham, bunga ham “muxolifatchi” deya tavsiyanoma yozib, “ish” ko’rib yurganlar haqida men ham ko’p eshitganman. Lekin quloq bilan eshitgan gapga emas, qo’l bilan ushlagan narsaga ishonish kerak. Oyni etak bilan yopib bo’lmaydi. Agar shunday gaplar rost bo’lsa, bir kun undan ham xabardor bo’lib qolarmiz.

Eski savol

SAVOL:Men bugun saytingiz haqida bir boshqa saytdan ma’lumot olib, qiziqib kirib qoldim. E’tiborimni ancha narsalar tortdi. O’zingizga ma’lumki, O’zbekistonda bunday saytlarga ban qo’yilgan.  Bundan oldin bir- ikki muxolif partiyalar va harakatlarning ham sahifasini kuzatgan edim.

Ammo ochiq tan olish kerakki, meni ko’nglim to’lmadi. O’zbekistondan AQShga yaqinda kelganimni hisobga olsak, bu sistemani tamomila sindirishga arziydigan kuchlar  bor, deb ishongan edim. Ammo, bilmadim… Menga sezildiki, hali darajaga chiqmagan.

Endi savolimga kelsak, siz nima deb o’ylaysiz, bizni oppozitsiya etildi deb hisoblaysizmi? Boshqacha aytganda, shu bugungi oppozitsiya amaldagi hukumatni o’rnini egallashga haqlimikin? (Hikmat).

JAVOB: Xush kelibsiz, AQShga va hamda mening sahifamga. Toshkent hukumati veb sahifaga ban qo’ygani bois hozir vatandagi o’quvchilarga (hozircha 2136 adresga) yangi narsalarni elektron pochta orqali yuborishni yo’lga qo’yganman. Kelgusida ular kitoblarni ham olishlari mumkin.

Endi bevosita so’rovingizga kelsak, agar savol-javoblarning  birinchi kitobga jamlangani va shu yerdagilarini ko’rib chiqishga vaqt topa olsangiz savolingizga ham to’la javob topgan bo’lasiz. Chunki shu yo’sindagi savollarga bir necha marta javob berishimga to’g’ri kelgan.

Har kallada har xayol

SAVOL: Din hukmron bo’lgan sharoitda demokratiya rivojlanadimi yoki demokratiya sharoitida dinga keng o’rin beriladimi?(Sobit, 7 Fevral, 2005 yil).

JAVOB: Ba’zi ulamolarning umumiy gaplariga quloq solsangiz din hukmron bo’lganda hamma haqlar ustivor bo’ladi, deydilar va bu demokratiyadan ham afzal ekanligini aytadilar. Bugunga qadar bu xayol tarzida qolmoqda va amalga ko’chishini ham Xudo biladi.

Mavjud hayotga qarasangiz mamlakatni din asosida yuritayapmiz, deb iddao qilgan barcha davlatlarda yakkahokimlik, diktatura, zulm hukmron. Masalan, Saudiya Arabistoni va umuman juda ko’p Yaqin Sharq o’lkalari. Pokiston ham shunday mamlakatlardan biri. Albatta, o’zini demokratik tuzum deb atagan ba’zi davlatlarda ham shunday holni ko’rish mumkin. Masalan, O’zbekiston, Belorus, Turkmaniston va hokazo.

Bir qator dindorlar esa haqiqiy diniy erkinlikni, erkin ibodat qilishni va bu borada o’ylaganlarini qo’rqmay ayta olishni demokratik davlatlardagina topganlarini yoki ko’rish mumkinligini aytadilar.

Xullas, bu borada har kallada har xayol.

Ammo mavjud tuzumlar orasida insonga eng maqbuli demokratik tuzum ekanligini hech kim inkor eta olmaydi.

Maqtovga oshiqmiz

SAVOL: Yaqinda sobiq bir hamkasbingiz sizni u hech kimni maqtamaydi, deb aytdi. Nega shunda? (Sherzod).

JAVOB: Maqtov eng noyob ne’matlardan biri bo’lishi kerak, deb bilaman. Albatta, yurakdan chiqqan samimiy maqtovni. Ammo mansabiga qarab yoki kichik bir manfaat uchun tug’iladigan maqtovlar vujudiga tushgan qurt kabi millatni emiradi.

Maqtovimni qozonganlar ko’p. Bir necha misol׃

BOYMIRZA HAYIT, saksonning manzilida, shol bo’lib, to’shakka mixlanib qolganlariga qaramay yaqinda yana bir kitob chiqardilar. “Milliy Turkiston hurriyat da’vosi” nomida. Hozir esa xotiralarini yozmoqdalar. Kecha telefon qilganimda 700 sahifa bo’ldi, dedilar. Qoyil qolish kerak bunday jasoratga!

MERIT VARNEKING, Oregonda bizga mehribon ona bo’lgan va     ketishimizda vokzalda ho’ngrab yig’lab qolgan, bizga Amerika va amerikaliklarni sevdirgan, saksonda ham sakrab yurgan tolmas aya.

EVRIL TURON (Mamadali Mahmudov), Sovetlar davrida mustaqillik deya ochiq hayqirgan yakkayu yagona adib, mustaqil O’zbekistoning zindonband etilgan arslon o’g’li…

RASIM EKShI, umrining so’nggi kunlarini Amir Temur maqbarasi yonida o’tkazishni orzu qilgan turk alpomishi, Temur bilan jangda engilgan Yildirim Boyazidning evarasi.

NAZIR RAJABOV, O’zbekistonga birinchi prezident bo’lish uchun tug’ilgan, ammo Gdlyan va Karimovnng zulmiga uchragan ulkan tashkilotchi va beqiyos adolatsevar.

SAMANDAR QO’QONOV, Karimovning yuziga tik qarab, o’zbekning ajalisan, degan va qariyb 15 yildan beri qamoqda yotgan buyuk iroda sohibi…

Va yana qanchalar…

Lekin gapning indallosi shuki, biz maqtovni sevadigan, xalqmiz. Xato qildim. Butun dunyo ahli-inson zoti shunday bo’lsa kerak. Hech bo’lmaganda shunga yaqin. Faqat bizda tanqidni dushmanlik deb bilib tanqid qilgan odamni aslo kechira olmaslik juda kuchli.

2005.

Uslubning saqlanishi

SAVOL: “Turonzamin” jurnalining navbatdagi sonida  “Muallifning o’ziga xos yozish uslubi saqlab qolindi” deyilgan. Mualliflik huquqi va uning saqlanishi haqida bilardim, ammo uslub va uning saqlanishi yoki paymol qilinishi (saqlab qolinmasligi) haqida eshitmagan ekanman. Buni qanday izohlaysiz? (O’zbek).

JAVOB: U yerda muallifning jumla qurishi, ba’zi nomlarni kichik harf bilan yozishi, nuqtadan keyin kichik harf bilan yozishi yoki nuqta qo’ymay yozish kabi uslub hamda bugun O’zbekistonda rasman qabul qilingan lotincha yozuv tarzida emas, balki internetda qo’llanilayotgan “qo’lbola” lotincha bilan yozilgani kabi o’ziga xoslik haqida gap borgan.

Haqiqatdan ham bugun bir qator yozuvchilar jumla bitgandan keyin nuqta qo’ymay yoki nuqtadan keyin kichik harf bilan yozgan holda, joylar nomini kichik harflarda bitib, kitoblar nashr etmoqdalar. Bu ham bir yozuv uslubi sifatida qabul qilinmoqda. Jurnal tayyorlanishi jarayonida muallif yozganlarining ma’nosiga tegmasdan silliqlanishi va rasmiy yozuv shakliga  tushirilishi mumkin edi. Lekin asl holida saqlashga qaror qildik.

“Xatlar” sahifasida ham mualliflarning turli shakldagi uslublari va hatto xatolariga ham tegmayotganim shundan. Bu balki tabiiylikni ta’minlar va ayni paytda mualliflarning o’zbek tili yozuvi borasidagi bilimlari darajasini ham ko’rsatishda o’ziga xos bir yo’l bo’lishi mumkin.

Qolaversa, 1970 yillarning oxirida O’zbekiston radiosida ishlaganimda bir kuni yozganlarimni G’aybulla Asadullaev degan kishi tahrir qiladigan bo’lib qoldi. U chizg’ichni satrlar ustiga qo’yib, to’g’ri chiziq tortib, hamma narsani qaytadan yozib chiqdi. Bu g’ururimga tegdi. Jahlim chiqdi va yozganlarimni hamda uning tahriridan keyingi matnni ko’tarib, kattaroq boshliq Ortiqali Tilovberdiev yoniga bordim. U G’aybulla akani chaqirdi:

-Jumla qurilishlari teskari ekan,-dedi u.

Men har kimning o’z uslubi bo’ladi, deya mahkam turib oldim va boshliq asl matnimni ko’rib, qo’l qo’yib berdi.

Shu voqea dars bo’lgan. Boshqalarning ham “men”ini hurmat qilish kerak deb hisoblayman.

2005.

Shahriyorlar

SAVOL: Sizning til olamida ko’pgina narsalar va kimsalar va ularning tarixlarini bilishingizni bilaman. Men bir narsa haqida ko’p to’xtalib qoldim. Bizning xalqimizga ma’qul bo’lgan eronlik yoki Forsiy davlatlardan chiqqan fan arboblari (olimlari), va ularning hayoti haqida qisqa bo’lsa ham ma’lumot berolmaysizmi?(Shams).

JAVOB: Siz javobi hatto bir kitobga ham sig’maydigan savol beribsiz. Menimcha, faqat ba’zi nomlarni eslashning o’zi ko’p narsani anglatadi. Abulqosim Firdavsiydan Abdullo Rudakiyga, Umar Xayyomdan Hofiz Sheroziyga, Abdulla Ansoriydan Nosir Xisravga, Kamol ul Mulkdan Muhammad Shahriyorga qadar uzangan yillar zanjirida yana qancha-qancha nomlar borki, sizning savolingizga o’zlarida o’nlab kitoblarni mujassam etganlar.

Kaminga kelsak,  Eronda turkiy tilda yozish u yoqda tursin turkiyda so’zlashuv qatag’on qilingan bir paytda bu tilning latofati ila dillarni zabt etgan buyuk shoir Shahriyor ulug’ alloma hisoblanadi. Turkning tili bu qadar latofatli, tog’lardan ingan irmoqlar sadosi kabi yoqimli, dilning vulqonini satrlarda bayroq qilguvchi isyonkor ekanligini isbotlagan ulug’ turk shoiridir u.

Bir vaqtlar “SHAHRIYOR” degan bir she’r yozgandim:

Mani hur moniy demang,

Zindon manimdur.

Mani eroniy demang,

Eron manimdur.

Mani shohga tan demang,

Turkon manimdur,

Mani bevatan demang,

Turon manimdur!

Eslatma o’rnida:

1.Moniy-o’zini hur degan, idealistik monizm falsafasi tarafdori.

2.Turkon- turklar degani, Turkon ismi ilgari mashhur bo’lgan. Amir Temurning xotinlaridan birining ismi ham Turkondir.

O’zbekistonni qutqazasa bo’ladi

SAVOL: Xalqimizni siz ham, men ham yaxshi bilamiz va hozir O’zbekistonda hukm surayotgan vaziyatni ham har-bir yosh bolagacha yaxshi biladi. Har kim, har narsa deydi, ammo O’zbekistonda avj olgan o’g’irlik, poraxo’rlik, talonchiliklarga chek qo’ymay turib, xalqni ahvolini o’zgartirib bo’larmikin?

O’zbekistonda oddiy militsiya xodimidan tortib, katta-katta amaldorlargacha xalqdan biron narsa undirish bilan ovora. Xalqimiz ham o’rganib qolgan shekilli, agar siz biron joyda ishlayman, deb aytib qolsangiz birinchi beriladigan “savol” “tushum bormi?” bo’ladi. Shu ahvolda bu iflosgarchiliklarga chek qo’yib bo’ladi, deb o’ylaysizmi? Xalq poraga nashavand bo’lib qolmadimikin?

Siz mana shuncha yil har-xil mansablarda ishlab kelgan insonsiz, siz hozir yana biron kursini egallab qolsangiz faoliyatingizni nimadan boshlayman, deb o’ylaysiz, aytaylik “bosh vazir” darajasini egalladingiz. Poraxo’rlik hukm surayotgan tuzumga qarshi qanday kurashgan bo’lardingiz? Menimcha amaldorlarning hammasini qamoqqa tiqish to’g’ri yo’l bo’lmasa kerak, deb o’ylayman, siz nima qilish kerak, deb o’ylaysiz? Balki chet el investitsiyasini ko’proq jalb qilib, ish o’rinlari yaratish yo’li bilan xalqni sotsial ahvolini ozroq o’zgartirib, keyin kurashish kerakdir “iflosgarchilikka” qarshi.

Va nihoyat, Siz O’zbekistonda ishlagan vaqtingizda poraxo’rlikni ko’rib turib ko’z yumganmisiz, yoki siz ham shu ishni qilishga majbur bo’lganmisiz? (Evropalik O’zbek).

JAVOB: Darhaqiqat, jamiyatni demokratik yo’lga qo’ymay turib, siz aytgan illatlarga qarshi kurashish mushkul. Avval aytganingiz kabi  poraxo’rlikning ildizini kesadigan zamin yaratmoq kerak.

Agar odamlar mehnatlariga yarasha haq olsalar, sharoitlari ehtiyojlarini qondirsa va o’z insoniy qadrlarini anglasalar nega o’zlarini kamsitib pora berib pora olsinlar?!

Qolaversa, bunga imkon beradigan tuynuklar qonun yo’li bilan bekitilishi va eng avvalo huquq tartibot organlarining o’zi halollikka o’rgatilishi kerak. Buning uchun birinchi galda ochiq minbar, erkin matbuot zarur. Inson fitrati aslan yomonlikka yona emas, balki yaxshilikka yonadir. Agar topgani o’ziga etsa u nima uchun pora olib, hayotini tahlikaga qo’ysin?!

O’zbekistonda ishlagan yillarim 700dan ziyod tanqidiy maqola va feletonlarim chiqqan matbuotda. Doim bechoralardan, g’ariblardan yona bo’lganman. Pulim o’zimga etarli bo’lgan. To’rt besh joyga yozib turganim uchun yaxshi qalam haqi olar edim.

Karimov va uning malaylari ko’p izlashgan, agar bir joydan bir narsa topganlarida “bayroq” qilishardi. Topolmaganlari uchun ham tuhmatdan boshqa choralari qolmagan. Bu tuhmatni Karimovning qo’lidan o’zini muxolifatchiman deb yurgan ba’zi bo’htonchilar ham oldilar. Lekin tuhmat tuhmatligini ko’rsatar ekan, o’zlari sharmanda bo’ldilar.

O’zini, vijdonini poraga sotadiganlardan ustun bo’lganim uchun ham o’zimni baxtiyor deb bilaman. Bir odam o’zligini pulga sotishini tasavvur qila olmayman! Pora olganimda qachonlardir o’lib ketgan bo’lardim, olmaganim uchun ham tirik qolganman. Porani qaytarganim, menga hayotimni qaytargan.

O’zbekistondan birorta mansab olish ishtiyoqim yo’q. Buni har doim ochiq aytib kelganman. Lekin O’zbekistonni qutqazish kerak bo’lsa, bu masalada istagan payt istagan odamga yordamga hozirman. Chunki hali ham O’zbekistonning kelajagini qutqazsa bo’ladi deb hisoblayman.

2005.

Rejimning qilmishi

SAVOL: Kecha bir jurnalist domlam bilan gaplashganimda u Chori Avaz degan odam haqida gapirib qoldi, veb sahifangizda u haqda ma’lumot berishingiz mumkinmi? (Abduvohid).

JAVOB: Xudo rahmat qilsin, xokisor, iste’dodli, kamtar, zahmatkash jurnalist, yuragi dardga to’la bir shoir edi.  U adolatsizlikka, istibdodga va zulmga she’rlari bilan isyon etgan, rejimga muxolif shoir edi. U bevaqt olamdan o’tgandi. Bevaqt o’lim bir noyob shoirni eldan yulib ketgan bo’lsa, uning aksi bo’lgan bir shoirani etishtirdi.

Ilgari zulmdorlar raqiblarini o’ldirib, ularning bolalarini o’zlarining yo’llarida tarbiyalar ekanlar. Bugungi rejim ham ana shunday badbaxt va badkordir!

Chori Avazning mehriga zor bo’lib, bugungi jamiyatning tarbiyasida ungan, hali Qarshidagi maktab-internatni bitirmagan bo’lsa ham, bugungi rejimni ulug’lovchi bir qancha kitoblari chiqqan Guli Nigor Avazovaning mana bu she’rlari fikrimizga dalildir.

PREZIDENT BOBOMGA

Burgutga havasim keladi,

Shijoat, kuch – g’ayrat timsolidir u.

Bo’ronlar pisandmas, tig’day tiladi,

Yuksak – yuksaklari ko’zlab uchar u.

Siz burgut misoli mard -u ulug’vor,

Baland uchayapsiz kelajak tomon.

Yomon ko’zning Sizga etmog’i dushvor,

O’zbegim baxtiga bo’lgaysiz omon!

Ammo bir kun Guli Nigor rahmatli otasining ruhiga qaytishiga ishonaman.

Rejim yangi bir avlodni, yangi bir zehniyatni ulg’aytirdi. Endigi ishning qiyinchiligi ham mana shunda. Yangi avlodni o’zligiga qaytarish mashaqqati bilan yuzma-yuzamiz.

VASHINGTON: 2004-2005 yillar.

 

JAHONGIR MAMATOV:TARIXNI TITRATGAN KUNLAR

MING ASRGA TATIGULIK

 

“TARIXNI TITRATGAN KUNLAR” kitobiga so’zboshi o’rnida

Dunyoda qancha odamlar yashaganlar va yashamoqdalar. Ularni uch guruhga bo’lish mumkin:

1.Dunyo tarixining burilish nuqtalarida voqealarning bevosita va bilvosita ishtirokchilari.

2.Mazkur voqelarning tomoshabinlari.

3.Anashunday voqelarga guvoh bo’lishdan ham mahrum bo’lganlar.

Tangrining inoyati bilan birinchi guruhga kirdim. Bir qarashda bu baxtiyorlik hissini uyg’otsa yana bir qarashda esa hayrat to’fonini o’rlatadi.

 Afg’on sahifasi

Sho’rolarning Afg’onistonga bosib kirishi katta tarixiy voqea edi. Tabiiyki bu katta voqea ekanligini mamlakat ichida yashagan ko’pchilik bilmasdi. Men ham tasodifan o’rganib qoldim. Samarqanda viloyat ro’znomasida ishlardim. Mening ishga-borib keladigan yo’limda Rajabamin degan qihslqoda olomon tobut ko’tarib borayotgandi. Sherigim bilan darrov odamlarga qo’shildik. Olomonning oldida bir zobit va ikki askar ham bor edi. Bu diqqatimni tortdi. Oradan ikki kun o’tib fotihaga bordim va 19 yoshli bir yigit Afg’onistonda halok bo’lganini aytishdi. U o’zini otib qo’yganmish… Nega? Nima uchun? Bu kabi savollarga javob yo’q edi.(Oradan yillar o’tib o’rgandimki, haligi askar Razvedkaga borib muhim ma’lumotlar to’plab kelgan va uni qahramonlikka tavsiya qilishgan.Ammo bu ish uchun unga o’rniga bir urusga mukofot berishgani, uning g’ururini toptashgani uchun o’zini otgan ekan-JM). Bir maqola yozdim. Bosh muharririmiz Ahmadjon Muxtorovga ma’qul bo’ldi. Continue reading

Халк сизни согинган, кутмокда!

qalamim1.jpgАссалому алайкум Жахонгир ака!

 

Илгари сизни АнтиКаримов, фикрларингизни кисман тугри эмас деб хисоблардим. Нима булганда хам Исмат Хушев такидлагандек, лидерликка сиздан лойик киши йуклигини тан олардим. Савол-жавоблардан лидерликка даъвогармаслигингизни, ута камтар ва очик кунгиллигингизни пайкадим. Continue reading

Jahongir Mamatov: Zehniyat jumbog’i

jm112007.jpg O’NG SO’Z ORNIDA

Kim kimdir?
Nima? Qachon?…
Islom Karimovdan Shukrullo Mirsaidovga qadar…
Erkin Vohidovdan Yusuf Jumaga qadar…
Amerikadan O’zbekistonga qadar…
Xullas, bugun siyosat maydonida bo’lganlar va bo’lmaganlar, tanishlar va bilishlar, ya’ni kim kimga yoki nimaga qiziqsa o’sha haqda yo’llagan ochiq savollariga ochiq javoblar. Jumladan, siz ham bu yerda o’z nomingizni uchratishingiz mumkin. Continue reading

GENERALNING IQRORI

HAYDAROV: Men bilaman Xorazmdan, Qoraqalpogistondan kelgan bir guruh xodimlar yuribdi. Bir 10 mi 15 ta tintuv o’tkazi’ga narkomaniya bo’icha. Lekin ularning ro’yxati yoq bu ichida. U yerda kimdir narkotiklarni chegara olib chiqish paytida ushlangan. Shu uchun kelib bu yerda 10 mi 15 ta uyni tintuv qilishga kelgan ular. Lekin manashu ro’yxatda Murtazayevlar yoq. Continue reading

Исмат Хушев׃ Шундай гуноҳларим борки…

ГУЛЧЕҲРА НУРУЛЛАЕВА: Исматжон сиз юқорида “Ман қилган хатолар” деган иборани ишлатдингиз, агар сир бўлмаса ўша хатолар…

ХУШЕВ: Масалан мен… Жаҳонгир Маматовга очиқ хатлар ёзганман. Опа бугун эсласам уяламан, ростини айтай ман жуда уяламан бугун.

Ман жуда уяламан ҳукумат ва керакли ташкилотларнинг, ўша раҳбарларнинг топшириғи билан уларни обрўсини тушириш мақсадида ман очиқ хатлар ёзганман.

Continue reading

Зайниддин Асқаров

Зайниддин Аскаровнинг баёноти

Ундан кейин Жахонгир Маматов билан сухбат утказдик – Мен ,Жахонгир Маматов, Тохир Йулдош. Жахонгир Маматов айтдики, бу ишларни хал килиш мумкин булган йул бу Америкача демократия йулидир. Буни курол кутариш, тус-туполон жанжал билан хал килиб булмайди. Тугри биз хам мухолифатмиз, Узбекистонда камчиликлар куп, бир кун бир-биримизни тушунармиз Узбекистонга кайтармиз, лекин бу нарса тинч йул билан булиши керак дедида Жахонгир Маматов билан хам гоявий бирлик булмади. Continue reading

ИККИНЧИ ФРОНТ

 

Умримнинг бир қисмини иккинчи фронтдаги кураш ўғирлаганидан афсусдаман. ЖАҲОНГИР МУҲАММАД.

—————————————————————————

“Халқ сўзи” газетасида Исмат Хушевнинг мақоласига жавобан 1992 йил 21 апрель куни чиққан мақола

“ТЎППОНЧА”ГА ЖАВОБ

Дейдилар, ит ҳурар, ўтади карвон,
Ранжу балолардан ёнмасин жонинг,
Лек алам қилар, бир умр гирён,
Итлар орасидан ўтса карвонинг.
Абдулла Орипов.

Жаноб Исмат Хушев! Мен сўзбоши ўрнида келтирган бу сатрларни улуғ адибимиз ёзганларида юраклари қанчалик зардобга тўлганини англаб, ўл зотга ҳамдардлик туйғусини туйганман. Хоин қони челакка, шоир қони юракка томар! Қарангки, чархи кажрафтор ўша ўтли ва дардли сатрларни бугун каломимга солди. Continue reading

Turonzamin faryodlari

1.CHORGOH

2.GIRYA

3.CHO’LI YIROQ

4.MUNOJOT

5.ALLA

6.DILXIROJ

7.FIG’ON

8.TANOVAR

9.NOLA

10.SAMARQAND

11.VATAN

12.XIYONAT

13.JAHONGASHTALIK

14.BIRINCHI QISMGA YAKUN

15.BOBOLAR

16.TURK DUNYOSI

17.ONAIZORIM

18.SEVGI SADOSI

19.DADA…

20.NAVRO’Z

21.O’ZBEKISTONDA

22.BEGONA

23.MANZIL

24.QAFAS

25. AYRILIQ

26.O’ZBEKISTON

27.TURON

ODDIY BOG’LANISH

1.CHORGOH
2.GIRYA
3.CHO’LI YIROQ
4.MUNOJOT
5.ALLA
6.DILXIROJ
7.FIG’ON
8.TANOVAR
9.NOLA
10.SAMARQAND
11.VATAN
12.XIYONAT
13.JAHONGASHTALIK
14.BIRINCHI QISMGA YAKUN
15.BOBOLAR
16.TURK DUNYOSI
17.ONAIZORIM
18.SEVGI SADOSI
19.DADA…
20.NAVRO’Z
21.O’ZBEKISTONDA
22.BEGONA
23.MANZIL
24.QAFAS
25. AYRILIQ
26.O’ZBEKISTON
27.TURON

Jahongir Muhammad: Ikkinchi front

Umrimning bir qismini ikkinchi frontdagi kurash o’g’irlaganidan afsusdaman. JAHONGIR MUHAMMAD.

—————————————————————————

“Xalq so’zi” gazetasida Ismat Xushevning maqolasiga javoban 1992 yil 21 aprel kuni chiqqan maqola

“TO’PPONChA”GA JAVOB

Deydilar, it hurar, o’tadi karvon,

Ranju balolardan yonmasin joning,

Lek alam qilar, bir umr giryon,

Itlar orasidan o’tsa karvoning. Continue reading

Jahongir Mamatov: “Islom lashkarlari”

jmreston.jpg ISLOM LASHKARLARI
yoki O’zbekiston Islomiy Harakatining Parvoz va Inqiroziga sabab bo’lgan omillar
(2000-2003)

1.MAQSAD ISLOMIY DAVLATMI YOKI…?

Ming yillardir nomi qanday atalishidan qatiy nazar, xoh Turon zamin bo’lsin, va yoki xoh Turkistonu Movaraunnahr bo’lsin, bu zamindan Azon tovushisi uzilmagan. Hatto qattol sovet rejimi davrida ham Azonni yo’q etisholmagan. Mustaqillikdan keyin bu sas yana jarangdorroq va yanada balandroq eshitila boshlagani kimlarningdir qulog’iga yoqmadi va umuman Azon caqirig’idan harakatga keladiganlarga qarshi kurash boshlandi. Continue reading

Gulchehra NURULLAYEVA

SILKINIB-SILKINIB TINGLADIM…

JAHONGIRGA!

Menga uzoq okean ortidan faryodlar kelibdi. “Turonzamin faryodlari”… Bilgichlar yordamida kecha ularni kompyuterga qo’yib eshitdim. Eshitar ekanman, o’kindim…achindim… yig’ladim…quvondim…

SHuning uchun quvondimki, Turonzaminni yig’lab-yig’lab sevguvchi sara farzandlari bor. Men ular bilan faxrlanaman. Continue reading

Джахангир Маматов

jahangir_mamatov.jpg

Биография

Джахангир Маматов-известный политик, лингвист, писатель и журналист. (Литературный псевдоним – Джахангир Мухаммад).

Родился 1 сентября, 1955 года, в Самаркандском районе, Самаркандской области.
Женат, имеет 4 детей. Супруга по профессии лингвист.

Джахангир Маматов окончил среднюю школу № 24 Самаркандского района в 1972 году. Учился на факультете журналистики в Ташкентском Государственном Университете с 1973 по 1979 гг. параллельно до 1981 г. вел исследования в области этики в журналистике и лингвистике.

В 1973 году начал свою карьеру в качестве корректора газеты «Тошкент Хакикати».

С 1974 по 1979 гг он работал в качестве заместителя ответственного секретаря газеты «Кишлок хакикати».

В 1979-1981 гг., работал редактором сельскохозяйственного отдела Узбекского Государственного Радио, был автором радиопрограммы «Табаррук замин», которая освещала актуальные проблемы сельского хозяйства и культуры сельской жизни.

1981-1982 гг работал заместителем директора по культуре совхоза им. Улугбека, Джамбайского района Самаркандсткой области.

1982 – 1985 гг – руководитель отделов сельского хозяйства , а затем партийной жизни в Самаркандской областной газете «Ленин йули» («Зарафшон»). Его критические статьи стали очень популярны и принесли ему славу и известность. Это и явилось причиной поджога его дома в ночь на 1 декабря, 1984 года.

С 1985 по 1990 гг. работал специальным корреспондентом газеты«Совет Узбекистони» по Самаркандской области, а также продолжал творческую деятельность, работая внештатным корреспондентом для сатирического журнала «Муштум» и газеты «Кишлок хакикати». В течение этих лет были опубликованы более тысячи его сатирических, критических и аналитических статей, некоторые из которых напечатаны в альманахе «Молодежь», в книгах «Чистый Рассвет» и «525 дней, которые потрясли Самарканд».

Аналитические очерки, такие как «Коран и Оружие», «Горящая женщина» и «Открытие закрытых дверей» об актуальных проблемах эры Перестройки, заняли первое призовое место Союза Журналистов СССР и Узбекистана.

В 1990 году, Джахангиру Маматову присвоено звание «Заслуженного Журналиста Узбекистана». В том же году он был избран народным депутатом Верховного Совета Республики Узбекистан из Джамбайского избирательного округа № 293 Самаркандской области.

С 1991 до 1993 года работал заместителем председателя комитета Гласности Верховного Совета, где подготовил первый проект «Закона о Печати».

Руководил депутатской группой “Ташаббус” (Инициатива) , которую создал в Верховном Совете Узбекистана, также по его инициативе была основана газета «Халк Сузи», основное издание Узбекского Парламента.

20 Июня 1990 года, избранный Председателем Секретариата очередной Сессии Верховного Совета Узбекистана, Джахангир Маматов добился введения в регламент сессии вопрос о принятии Декларации Независимости Узбекистана, работая в составе комиссии из пяти человек, написал новый текст исторического документа “Декларация Независимости Узбекистана”.

Джахангир Маматов, вместе с соратниками добился создания комиссии Верховного Совета по расследованию событий в Бекабаде, Буке и Паркенте.

Являясь одним из членов этой комиссии, обнаружил документы и факты подтверждающие, что действительно КГБ стояла за кровавыми событиями между узбеками и месхетинскими тюрками в Паркентcком районе Ташкентской области и действовала под руководством Узбекского правительства. После этих событий узбекское правительство стало особенно преследовать г-на Маматова.

Центральный комитет Узбекской Коммунистической партии обвинил г-на Маматова в критике Первого секретаря Партии – Ислама Каримова и главы Верховного суда по телевидению, и попросил президиум Парламента дать разрешение на его арест. Но активность депутатов помешала этому и вопрос был отклонен .

17 августа 1991 года, в знак протеста против беззакония и государственного переворота – ГКЧП, он вместе с соратниками вышел на демонстрацию и перед зданием Верховного Совета публично сжег свой партийный билет.

Союз Журналистов Узбекистана избрал его своим председателем, но под нажимом правительства результаты выборов были сфальсифицированны

В 1991 году во время 7-ой сессии Узбекского Парламента, Джахангир Маматов вместе со своими последователями – депутатами смогли ввести в обсуждение сессии Парламента вопрос о мерах ограничения диктаторской деятельности Каримова.

Под прямым давлением демократических депутатов, Узбекское правительство создало отдел по взаимоотношению с депутатами Верховного Совета Узбекистана, регулирующий отношения между Президентом Узбекистана и Парламентом. Г-н Маматов стал руководить этим отделом. Позже он был назначен Руководителем Узбекского Государственного Телевидения – Заместителем председателя Гостелерадио.

Однако, в результате атак администрации Каримова на права человека и демократию в стране, и после кровавых происшествий 1992 года в Студенческом городке Ташкента , он объявил открыто, что в Узбекистане царствует диктаторский режим и подал в отставку в знак протеста против цензуры и режима. Это было первое историческое событие такого рода!

Активно объединяя узбекскую демократическую оппозицию против диктаторского режима Каримова, он стал одним из организаторов Форума Узбекских Демократических Сил, который прошел в здании Демократической партии ЭРК 28 марта, 1992 года.

После этого, Джахангир Маматов работал в должности Президента негосударственной организации Турон. Деятельность организации без решения Верховного суда была экстренно остановлена. Имущество организации – конфисковано.

В тот период Джахангир Маматов написал книгу «Сарой уйинлари » (Дворцовые игры) о злодеяниях Каримова. Несмотря на то, что правительство конфисковало рукописи книги, копии стали очень популярными и были опубликованы в газете «Эрк» в 1994 году.

3 февраля 1993 года, Джахангир Маматов был избран секретарем Демократической Партии ЭРК по идеологие и главным редактором газеты «Эрк», что сильно встревожило узбекское правительство.

6 Января, 1993 года. Возле здания демократической партии Эрк была попытка к покушению на его жизнь . На следующий день, в газете «Известия», под подписью Лебедевой была напечатана статья в которой писалось, что атака была организована правительством.

7 Февраля 1993 года газету закрыли.

13 Февраля 1993 года. Узбекское правительство, используя милицию, силой выселила его с семьей из их дома в Ташкенте. Дом был конфискован, а он был насильно под надзором милиции отправлен в Самарканд.

Говорить за и во имя свободы стало его единственной целью. Он был обвинен за критическое выступление в парламенте о диктаторских действиях президента Каримова.

21 Марта 1993. Он уехал в Азербайджан, затем в Турцию для участия на Конференцию туркоязычных стран, в качестве представителя Демократической партии Эрк, где сделал заявления о нарушениях прав человека в Узбекистане.

Боясь публичной известности Джахангира Маматова, Узбекское правительство указало чиновникам высокого ранга, таким, как Генеральный прокурор Буритош Мустафаев, Министр Юстиции Алишер Мардиев, Министр Внутренних дел Закир Алматов и хаким Самаркандской области Пулат Абдурахмонов, выполнить и провести специальную операцию по аресту Джахангира Маматова, его семьи и друзей.

По возвращению – 17 Апреля 1993 года, он был арестован в городе Самарканде узбекскими властями и его депутатские полномочия в Парламенте были преостановлены.

С помощью добрых людей он бежал из тюрьмы. Его супругу насильно заставляли развестись и объявить об этом публично. Но она отказалась от требования правительства. Во время обыска дома узбекскими властями были изъяты паспорт и другие документы, принадлежащие ему и его супруге. А в мае месяце 1994 года его жена была приговорена к 2-м годам условного заключения за нарушение паспортного режима.

Во время 1993 года и 1994, г-н Маматов живя в Азербайджане, Туркменистане и Грузии, безвозмездно работал в качестве главного редактора газеты Эрк. Впоследствии он также безвозмездно помогал в публикациях журнала «Харакат» движения “Бирлик”.

После того, как его семья бежала из Узбекистана, они поселились в Турции, в городе Стамбуле. В течении 1994-1998 гг он одновременно преподавал в Университете Коч, был сотрудником газеты “Turkiye” (Турция), а также корреспондентом Узбекской службы ББС и сотрудничал с радио “Озодлик” (Свобода).

Во время проживания за границей, написал роман-трилогию “Қувғин” (“Изгнание”, трилогия), которая раскрыла реальное лицо Каримова и его жестокого режима. Простой и легко-понятный новый метод, использованный в написании книги, сделал ее еще более популярной. Книга пошла по рукам и нашла путь даже к читателям самых отдаленных жилых районов Узбекистана. Mногие из его книг были опубликованы за эти годы.

В 1995 году Верховный суд Узбекистана под давлением Узбекской Службы Национальной Безопасности (преемник КГБ), начал криминальное расследование для ареста и подал в розыск, обвинив Маматова в незаконном покидании страны, оскорблении Президента Узбекистана и незаконной публикации газеты Демократической Партии Эрк за рубежом. Г-н Маматов был также обвинен в вымышленной службами “попытке свержения конституционного правительства Узбекистана”.

После этого события, узбекский режим пытался ликвидировать г-на Маматова и отправлял своих секретных агентов три раза в Баку и Стамбул. Теперь было небезопасно даже в Турции. Он встретился с давлением со стороны Турецкого правительства и попросил политического убежища в Соединенных Штатах через ООН в феврале 1998 года.

В 2000 году Верховный Суд Узбекистана принял еще одно частное определение к решению суда, по которому он был объявлен в розыске. Это закончилось арестом его родственников и сестер в Мае 2001 года.

В США он также продожил свою активную деятельность в Узбекской службе радио “Голос Америки” (VOA) с 1999 по 2004 гг. Одновременно он преподавал узбекский язык в Институте языков, а с 2001 года занял должность старшего лингвиста Языковедческого исследовательского центра, где опубликовал три книги по лингвистике и сегодня продолжает работать над четвертой. Эти книги можно найти в Библиотеке Конгресса США.

В 2005 году, Джахангир Маматов выступил с призывом объединения Узбекской оппозиции. В результате после долгих лет, впервые лидеры и активисты Узбекской оппозиции встретились в Вашингтоне 11 июля 2005 года. А 25 сентября этого же года Джахангир Маматов объявил об сформировании независимого Конгресса Демократического Узбекистана – КДУ и был  Председателем до 2009 года.

Джахангир Маматов является автором около 40 книг.

Он учредитель и главный редактор –  www.jahonnoma.com и www.turonzamin.org с 2001 года.

Источники:
1. www.jahonnoma.com
2. Джахангир Мухаммад: “ИАК” (мемуары)
3. Ахмаджон Мухторов: “So’z mulki Jahongirligiga da’vogar”,(Ахмаджон Мухторов, председатель Союза Журналистов Узбекистана, 1991 г.)
4. Едгор Обид: “Otash qalb uchqunlari”( Ядгор Абид, введение в книгу Маматова)
5. Гульчехра Нуриллаева: Муносабат, 11 июня 2004 года (статья известной узбекской поэтессы, “Реакции”)
6. Абдурахим Пулатов, лидер народного движения Бирлик, предисловие для книги Маматова «Нур Йули»
7. “Бирлик”: “Ozodlikning olovli yo’llari”(Статья из сайта Бирлик)
8. Удостоверение народного депутата
9. Удостоверение демократической партии Эрк
10. Удостоверение Президентского аппарата.
11. Документы VOA
12. Лучший журналист года. Премия VOA-“Tun in”, Декабрь 2000 года, часть 4, №6,стр 6.
13. Статья о политическом курсе Американского правительства – 30 мая, 2001 года (“Репрессия в Узбекистане”, BBG-IBB-VOA-редакция=0-09287 5/30/2001)
14. Статья о политическом курсе Американского правительства – “Продолжение респрессий в Узбекистане “, BBG-IBB-VOA-редакция=0-09394 8/21/2001)
15. Премии за статьи о правах человека: 2001; 2002; 2003; 2004
16. Насратулла Лахеб, “Интервью Джахангира Мухаммада”, 2001
17. ББС: “Писатели в изгнание”, ББC, 2003
18. “Исповеди генерала”, ББC, 18 мая 2001.
19. Мухаммад Солих, лидер партии Эрк, “Xalq иrodasi”, “O’zbekistоn adabiyoti va san’ati”, 29 июня 1990 г. (статья в газете “O’zbekistоn adabiyoti va san’ati”)
20. Расим Экши, турецкий автор, “Dr. Boymirza Hayit armug’oni”,(статья о Джахангире Маматове в книге “Dr. Boymirza Hayit armug’oni”)
Истанбул, 1999, ISBN 975-78-15-3
21. Арслан Текин, турецкий автор, “Bir Turon yo’lchisi”, Истанбул, 1996, ISBN 975-7893-11-0 (предисловие к книге Джахангира Маматова)
22. Абдували Вахидов, “Заговорщики”, газета “Труд”, 19 Мая, 1995 г.
23.Зайнутдинов Х.А., начальник следственного отдела Службы Национальной Безопасности. “Ayblov fikri”, 12 Сентября 1994.
24. Решение Верховного Суда Узбекистана, 2000.

Книги Джахангира Мухаммада:
1. ИАК – документальный роман
2. Quvg’in – книга 1 (Изгнание)
3. Quvg’in – книга 2
4. Quvg’in – книга 3
5. Oqsaroy sirlari (Секреты Узбекского Белого Дома)
6. Yarmi chin, yarmi ximchin (Наполовину правда, наполовину сатира)
7. Yaqin moziy (Ближайшее прошлое)
8. 220 latifa (220 анекдотов)
9. Zehniyat jumbog’i (Загадки менталитета)
10.O’zligim (Моё Я)
11.Tarixni titratgan kunlar (Дни, потрясшие историю)
12. Panjaralar (Препятствия)
13. Samarqand (Самарканд)
14. O’zbeklar va O’zbeklar (Узбеки и Узбеки)
15. Islom lashkarlari (Солдаты Ислама)
16. Nurnoma (Яркость)
17. Vatan mansiz, man Vatansiz (Родина без меня и я без Родины)
18. Темные дни
19. Словарь Центральноазиатских Исламских терминов (Allen J. Frank и Джахангир Маматов, 2002, Dunwoody Press, US ISBN 1-881265-88-9)
20. Shahidlar xiyoboni (Кладбище бессмертных)
21. Shehitler Hiyabani ,Кладбище бессмертных (на турецком)
22. Qabohat eshigi (Дверь дьявола)
23. Turkiyada to’rt yil (Четыре года в Турции)
24. Ikkinchi front (Второй фронт)
25. Assassin (роман)
26. Ozodlik oson emas (Свобода – это не легко)
27. Aldarko’sa taxtga minganda…(Когда трон занимает лжец)
28. Qatag’on (Репрессия)
29. Таджикско-английский словарь (Джахангира Маматов и др. 2005 Dunwood Press, US ISBN 1-931546-15-0).

 

 

 

JAHONGIR MAMATOV

jahangir_mamatov.jpg

Tarjimai hol

Jahongir Mamatov taniqli siyosat arbobi, tilshunos olim, yozuvchi, jurnalist va siyosatshunosdir. Adabiy taxallusi-Jahongir Muhammad.

Jahongir Mamatov 1955 yilning 1 Sentyabrida Samarqand viloyatining Samarqand tumanida tug’ilgan.

1980 yilda oila qurgan. To’rt farzandi bor. Umr yo’ldoshi tilshunos.
Jahongir Mamatov 1972 yilda Samarqand tumanidagi 24-o’rta maktabni a’lo baholar bilan bitirgan.

1973-1979 yillarda Toshkent Davlat Universiteti Jurnalistika kulliyotida o’qigan va 1981 yilga qadar tilshunoslik va jurnalistikada etika bo’yicha ilmiy izlanishlar qilgan.

Mehnat faoliyatini 1973 yilda “Toshkent haqiqati” gazetasida korrektorlikdan boshlagan.

1974-1979 yillarda respublika “Qishloq haqiqati” gazetasida mas’ul kotib o’rinbosari lavozimida ishlagan.

1976-1978 yillarda Armiyada xizmat qilgan.

1979-1981 yillarda O’zbekiston radiosining qishloq xo’jalik bo’limida redaktor lavozimida ishlash bilan birga qishloq xo’jalik va qishloq madaniyati muammolariga bag’ishlangan maxsus “Tabarruk zamin” dasturiga muharrirlik qilgan.

1981-1982 yillarda Samarqand viloyatining Jomboy tumanidagi Ulug’bek davlat xo’jaligida Madaniyat masalalari bo’yicha direktor o’rinbosari bo’lib ishlagan.

1982-1985 yillarda Samarqand viloyat “Lenin yo’li” (“Zarafshon”) gazetasining Qishloq xo’jaligi” va “Partiya turmushi” bo’limlarini boshqargan.

1985-1990 yillarda “Sovet O’zbekistoni” (“O’zbekiston ovozi”) gazetasining Samarqand viloyat bo’yicha maxsus muxbiri bo’lib faoliyat ko’rsatgan. Ayni paytda “Mushtum” jurnali va “Qishloq haqiqati” gazetalarining jamotachi muxbiri bo’lgan. Shu yillarda uning mingdan ziyod fel’etonlari, tanqidiy va tahliliy maqolalari e’lon qilingan. Ba’zi asarlari “Yoshlik” almanaxi va “Beg’ubor tong”, “Samarqandni titratgan 525 kun” kitoblarida nashr etildi.

Qayta qurish yillarida oshkoralik muammolari haqida yozilgan “Qur’on va Qurol”, “Yonayotgan ayol”, “Yopiq eshikning ochilishi” kabi turkum tahliliy ocherklari O’zbekiston hamda Ittifoq Jurnalistlar uyushmalarida birinchi o’rinni egallagan.

1990 yilda 35 yoshli Jahongir Mamatovga “O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan jurnalist” unvoni berilgan.

Shu yili u Samarqand viloyat Jomboy tumanidan O’zbekiston Xalq deputati etib saylangan.
1990-1993 yillarda u O’zbekiston Oliy kengashida Oshkoralik qo’mitasi raisining o’rinbosari bo’lib ishlagan va “Matbuot haqida”gi ilk qonun loyihasining muallifidir.
Oliy kengashda u “Tashabbus” deputatlar guruhi faoliyatini boshqardi, Parlamentning “Xalq so’zi” gazetasini tuzish ishiga boshchilik qildi.

O’zbekiston Oliy kengashida 1990 yilning 20 Iyunida Kengash kotibiyatining raisi etib saylangan Jahongir Mamatov mazkur sessiyaning kun tartibiga O’zbekiston Mustaqilligi deklaratsiyasini qabul qilish masalasini kiritishga muvaffaq bo’ldi. “ERK” va “Birlik” taqdim etgan loyihalar asosida yangi bir loyiha yozish uchun tuzilgan besh kishilik komissiya tarkibiga kirgan Jahongir Mamatov sessiyada qabul qilingan O’zbekiston Mustaqillik deklaratsiyasi matnini yozgan edi.

Bekobod, Bo’ka voqealaridan keyin Parkentda Mesxet turklari bilan yuz bergan qonli hodisalarni hukumatning o’zi uyushtirganini iddao etgan Jahongir Mamatov safdoshlari bilan birga mazkur masalada Oliy kengash komissiyasini tuzdirishga muvaffaq bo’ldi. O’zi ham mazkur komissiya tarkibiga saylangan Jahongir Mamatov haqiqtdan ham Parkent voqealari ortida KGB turganini isbotlovchi hujjatlarni o’rtaga chiqarishga muvaffaq bo’lgan va shundan keyin quvg’inga uchragandi.

O’zbekiston Kompartiyasi Markaziy komiteti uni prezident Karimovni va Oliy sud raisini televideniye orqali haqorat qilishda ayblab ustidan ish ochish uchun ruxsat so’rab Oliy kengash rayosatiga murojaat qildi, ammo deputatlarning faolligi bois bunday ruxsatni ololmadi.

U Oliy kengashda tashkil etishga kirishgan “Yuzma-yuz” gazetasi bilan bog’lab uning masalasi rayosatda muhokama etildi va yana hukumat o’z maqsadiga erisha olmadi.
1991 yilning 17 Avgust kuni demokratiya uchqunlarini o’ldirish uchun uyushtirilgan Davlat to’ntarishi – GKCHP jarayonidagi qonunbuzarliklarga qarshi u bir necha safdoshi bilan birga Oliy kengash binosi yonida Kommunistik partiya biletini yoqib, o’z noroziligini oshkor bildirgan edi.

U O’zbekiston Jurnalistlar uyushmasining raisi etib saylanganda esa hukumat saylov natijalarini buzib e’lon qilish bilan uning yo’lini to’sdi.

U ishlagan Oshkoralik qo’mitasi Oliy kengashning qudratli kuchiga aylandi. Shu sabab ham Karimovning topshirig’i bilan bir necha marta bu qo’mitani yopishga urindilar, ammo Jahongir Mamatov tarafdorlari bunga yo’l bermadilar. Oxir oqibatda Oliy kengash haqidagi qonunlar qo’pol buzilgan holda bu qo’mita yopildi. Maqsad Jahongir Mamatovni chetlatish edi. Uni chetlatgach, qo’mitani qayta ochishdi.

1991 yilda Jahongir Mamatov o’z safdoshlari bilan birga prezident Karimovning diktatorona harakatlarini jilovlash masalasini Oliy Kengashning 7-sessiyasi kun tartibiga kirita oldi.

Tashabbuskor deputatlarning talabi bilan O’zbekiston prezidenti va Xalq deputatlari faoliyatini muvofiqlashtiruvchi bo’lim ochildi va Jahongir Mamatov mazkur bo’limga mudir bo’ldi. Keyin u O’zbekiston Televideniyesiga rahbar etib tayinlandi.

1992 yilning 16 Yanvarida Toshkent talabalar shaharchasida yuz bergan qonli voqealardan keyin mazkur hodisalarni O’zbekiston televideniyesida oshkora yoritish imkoniyatlari cheklangani va mamlakatda diktatura o’rnatilganini e’lon qilib u o’z vazifasidan iste’fo berdi. Bu voqea O’zbekiston tarixida hukumat tarkibida turib, hukumatga norozilik bildirgan, diktatura o’rnatilganini ochiq, yozma ravishda e’lon qilib o’z vazifasidan iste’fo etgan ilk voqea edi.

Jahongir Mamatov o’zbek demokratik muxolifatini birlashtirib diktaturaga qarshi turishga yo’nalib 1992 yil 28 Mart kuni ERK partiyasi binosida o’tgan O’zbekiston Demokratik kuchlari forumining tashkilotchilaridan biri bo’ldi.

Jahongir Mamatov shundan keyin nohukumat “Turon” tashkilotiga prezidentlik qildi. Garchi qonunlarda tashkilotni yopish vakolati sudga berilgan bo’lsada qonunlar oyoqosti qilingan holda Adliya vazirligining hukmi bilan shoshilinch tarzda bu tashkilot bekitildi, mol-mulki musodara qilindi.

Jahongir Mamatov shu davrda Karimovning qilmishlari haqida “Saroy o’yinlari” kitobini yozdi. Bu kitobning qo’lyozmalari hukumat tomonidan musodara qilinganiga qaramay uning nusxalari tarqalib ketdi va ERK gazetasining 1994 yilgi sonlarida nashr etildi ham.

1993 yilning 3 Yanvar. Jahongir Mamatov ERK partiyasining mafkura masalalari bo’yicha kotibi va “ERK” gazetasining Bosh muharriri etib saylandi. Bundan hukumat vahimaga tushdi.

1993 yil 6 Yanvar. ERK partiyasi binosi yaqinida u suiqasddan qutulib qoldi. Voqeaning keyingi kuni Moskvada chop etiladigan “Izvestiya” gazetasida Lebedeva imzosi bilan chiqqan maqolada suiqasd ortida hukumat turgani yozilgandi.

1993 yil 7 Fevral. Hukumat qonunga xilof ravishda u bosh muharriri bo’lgan gazetani yopdi.

1993 yil 13 Fevral. Uning Toshkentdagi uyi tortib olindi va u kuch bilan Samarqandga ko’chirildi.

1993 yil 21 Mart. U Ozarbayjonda o’tkazilishi kerak bo’lgan Turk dunyosi qurultoyiga ERK partiyasining vakili sifatida yo’l oldi. Qurultoy Turkiyaga ko’chirildi va u mazkur qurultoyda ERK partiyasi va rahbariyati boshiga kelgan qatag’onlar, O’zbekistonda diktatura avj olgani haqida bayonotlar tarqatdi. Mamlakatga qaytishi bilan 1993 yil 17 Aprel kuni u Samarqandda qo’lga olindi.

Jahongir Mamatovning xalq orasidagi obro’yidan qo’rqqan hukumat bu ishni amalga oshirish uchun shu kuni Samarqandga respublika Bosh prokurori Bo’ritosh Mustafoyev, Adliya vaziri Alisher Mardiyev, Ichki ishlar vaziri Zokir Almatovni yubordi va viloyat hokimi Po’lat Abdurahmonov boshchiligida maxsus amaliyot o’tkazilib Jahongir Mamatov va uning qarindoshlari, do’stlari qo’lga olindi. U bilan tanish bo’lgan juda ko’plab shaxslar hokimiyat tizimlaridan chetlatildi. Uning deputatlik vakolati to’xtatildi.

Yaxshi insonlarning yordami bilan u jallodlar qo’lidan chiqib ketdi. Uning umr yo’ldoshi Rohila Qodirovaga eridan voz kechish va bu haqda matbuotga maqola yozish talabi qo’yildi. Jasoratli ayol buni rad etdi. Tintuv paytida o’zlari pasportini olib ketganlari holda to’rt farzandning onasini pasport rejimini buzganlikda ayblab sud qilishdi va ikki yil jazo berishdi.

1993-1994 yillar orasida Jahongir Mamatov Ozarbayjon, Turkmaniston, Gurjiston jumhuriyatlari orasida sarson-sargardonchilikda kun kechirdi. “ERK” gazetasinng xorijdagi bir qancha nashriga jamoatchilik asosida, haq olmay muharrirlik qildi. Keyinchalik “Harakat” jurnaliga ham xayrihoxlik asosida yordam berdi.

Oilasini ham O’zbekistondan olib chiqqandan keyin 1994 yildan e’tiboran Turkiyada yashay boshlagan Jahongir Mamatov 1994-1998 yillarda Istanbul shahridagi Koch universitetida, “Turkiya” gazetasida ishlash barobarida Bi-Bi-Si Jahon xizmatining O’zbek bo’limiga muxbirlik qildi va “Ozodlik” radiosining ham hamkori bo’ldi.

U xorijga chiqqandan keyin Karimov shaxsi va rejimining mohiyatini ochib tashlagan “Quvg’in” romanini yozdi. Bu kitob O’zbek adabiyoti tarixida sodda va yangi uslubda yozilgan hamda qo’lba-qo’l o’q’ilgan, turli yo’llar bilan qishloqlarga qadar yetib borgan asar bo’ldi.

1995 yilda O’zbekiston Milliy Xavfsizlik Xizmati talabi bilan O’zbekiston Oliy Sudi uni “ERK” gazetasini xorijda chop etganlikda, prezidentni haqorat qilganlikda, izn olmay mamlakatdan chiqib ketganlikda aybladi. Shu zayl uni konstitutsiyaviy tuzumni ag’darishga urinish kabi uydirma bilan ayblab qidiruv e’lon qildi.

Shundan keyin rejim Jahongir Mamatovni yo’qitish uchun xorijga uch marotaba suiqasdchilarni yubordi. Uning hayoti Turkiyada ham xavf ostida qoldi. U Turkiya hukumatining bosimiga uchradi va 1998 yilning Fevral oyida BMTning qochqinlar komissarligi orqali AQSHdan siyosiy boshpana oldi.

2000 yilda O’zbekiston Oliy sudi yana bir marta ajrim chiqarib, uni qidiruvda deb e’lon qildi va 2001 May oyida uning opa-singillari, yaqinlari to’hmat qilan qamoqqa olindilar.

Bunga qadar uning ko’plab kitoblari nashr etildi. AQShda u jurnalistik faoliyatini davom ettirdi va 1999-2004 yillarda “Amerika ovozi” radiosining O’zbek xizmatida ishladi. Ilgari tinglovchilari deyarli bo’lmagan radioni O’zbekistonda Bi-Bi-Si va “Ozodlik” radiolari darajasiga ko’tardi. Ayni paytda u AQShda chet tillar maktablarida O’zbek tilidan dars berdi va 2001 yildan e’tiboran Xalqaro tilshunoslik markazida katta ilmiy xodim vazifasida ishlab kelmoqda.

2005 yilning 23 May kuni Jahongir Mamatov O’zbek muxolifatini birlashtirish murojaati bilan chiqdi va uzoq yillardan keyin ilk bor 2005 yilning 11 Iyulida muxolifat liderlari va faollarini bir joyga to’plashga muvaffaq bo’ldi. Shu yilning 25 Sentyabrida uning tashabbusi bilan Demokratik O’zbekiston Kongressi mustaqil nohukumat tashkiloti sifatida shaklanganini e’lon qildi va 2009 yilga qadar  bu tashkilotni boshqardi.

Shundan beri u siyosiy faoliyat bilan emas, balki ilmiy hamda ijodiy faoliyat bilan band.

Jahongir Mamatov 30 ga yaqin kitoblarning muallifidir. Uning AQSh, Turkiya, Ozarbayjonda ham bir qancha kitoblari nashr etilgan.

Uning  kitoblari AQSH Kongressi kutubxonasi katalogiga kirgan.

Ammo uning asarlari o’zi mustaqilligi uchun kurashgan Vatani – O’zbekistonda ta’qiqlangan. U tilshunoslik borasida AQShda nashr etilgan to’rtta yirik kitobning ham muallifidir.

Ushbu Tarjimai holga asos bo’lgan manbalar:

1. www. jahonnoma.com

2. Jahongir Muhammad: “IAK
3. Ahmadjon Muxtorov: “So’z mulki Jahongirligiga da’vogar
4. Yodgor Obid: “Otash qalb uchqunlari
5. Gulchehra Nurullayeva: Munosabat
6. Abdurahim Polatov, “Nur yo’li
7. “Birlik”: “Ozodlikning olovli yo’llari
8. Xalq deputati guvohnomasi
9. ERK partiyasi guvohnomasi
10. Prezident devoni guvohnomasi
11.”Amerika ovozi” hujjatlari
12.Yilning eng yaxshi jurnalisti. Mukofotlar. VOA – “Tun in”, December, 2000, vol.4 No.6 page 6
13.Amerika hukumatining siyosatini ifodalagan bosh maqola, 30-May, 2001 yil (“Repression in Uzbekistan“, BBG-IBB-VOA-editorial=0-09287 5/30/2001)
14.Amerika hukumatining siyosatini ifodalagan bosh maqola, 8-Avgust, 2001 (“Repression in Uzbekistan continues”, BBG-IBB-VOA-editorial=0-09394 8/21/2001)
15.Inson huquqlari masalalarini yaxshi yoritganligi uchun mukofotlar: 2001; 2002; 2003; 2004 yillar
16. Nasratulla Laheb, “Interviews by Jahangir Muhammad” 2001
17. BBC: “Exiled writers“, Bi-bi-si
18. “Generalning iqrori“, Bi-bi-si
19. Muhammad Solih, “Xalq irodasi”, “O’zbekiston adabiyoti va san’ati”, 1990yil, 29 Iyun.
20. Rasim Ekshi: “Dr. Baymirza Hayit armag’ani”, Istanbul, 1999, ISBN 975-7893-15-3
21. Arslan Tekin, “Bir Turan Yolchisi”, Istanbul, 1996, ISBN 975-7893-11-0
Istanbul, 1999, ISBN 975-78-15-3
22. Abduvali Vohidov, “Zagovorshiki”, “Trud” gazetasi, 1995 yil, 19 May.
23. Zaynutdinov, X.A. O’zbekiston MXX Tergov boshqarmasining boshlig’i, “Ayblov fikri”, 12 Sentyabr, 1994 yil.
24. O’zbekiston Oliy Sudining hukmi, 2000 yil
25.Zayniddin Asqarov Bayonoti

ADIBNING ASARLARI:

 

 

 

Jahongir Mamatov: Rivoyatlar

jmatlantic.jpgHotamtoy va Sotamtoy

Rivoyat qilishlaricha qadim o’tgan zamonda xalqqa faqat yaxshilikni ravo ko’radigan Hotamtoyni ko’ra olmaydigan bir kishi uni to’hmat bilan qozi huzuriga olib kelibdi. Qozi Hotamtoyning to’hmatga uchraganligini anglab, ozod qilish haqida hukm chiqaraman, deb turganda zindon tomondan “Yashang, qozi domla! Kam bo’lmang, mening safdoshim haqiqatdan ham bo’hton qurboni!” degan ovoz kelibdi. Continue reading

JAHANGIR MUHAMMAD an VOA

By Nasratulla Laheeb,

Chief of Uzbek Service, VOICE OF AMERERICA

UZBEK AUTHORITIES ARREST SISTER OF VOA UZBEK STAFFER

Uzbek Security agents arrested sisters of Jahangir Muhammad, a VOA Uzbek reporter last week allegedly on charges of dealing in narcotics. Uzbek reporter Ran Habib interviewed Mayram Mamatova, Muhammad’s sister, Rajab Ahmedov, his brother-in-law and Talib Yakubov, General Secretary of Human Rights Society of Uzbekistan about the arrests of Nodira and Mehrinisa Murtazayeva. Continue reading

ЖАҲОНГИР Муҳаммад: Нурнома

nurnomaТАНГРИНИНГ ГЎЗАЛ ИСМЛАРИГА МУНОЖОТ

ТАНГРИ

Тангри, Сенга юз минг юлдуз Қуёш бўлиб топинар,
Тангри, Сенга дарё-денгиз кўз ёш бўлиб топинар,
Менинг севгим олам аро гарчи зарра, қабул эт,
Тангри, Сенга не-не улус бир бош бўлиб топинар!

АР-РАҲМОН

Ўзинг асра дўст кўринган мубталодан, ё, Раҳмон!
Ўзинг асра юзи тиниқ ич балодан, ё, Раҳмон!
Марҳаматинг қудратига сиғиндим мен, ё, Раҳмон!
Ўзинг асра ҳар қазою ҳар балодан, ё, Раҳмон!

АЛ-МАЛИК

Тахти олий ҳукмдори, арш-моҳларим, ё, Малик!
Сенга аён осийлигм, дил оҳларим, ё, Малик!
Банда бандаси бўлмай бандангдурман, ё, Малик!
Ўзинг кечир маҳкамада гуноҳларим, ё, Малик!

АЛ- ҚУДДУС

Севги Сенинг камолингдир , ё, Қуддус!
Нафас Сенинг шамолингдир, ё, Қуддус!
Муҳаббатим изҳорига сўз лолдир,
Жаннат Сенинг жамолингдир, ё, Қуддус!

АС-САЛОМ

Ҳақсизликдан қоним музлар, ё, Салом!
Кимдир бунга малҳам излар, ё, Салом!
Ер юзида дармон йўқдир бу дардга,
Шифо бергин хаста бизлар, ё, Салом!

АЛ-МЎМИН

Нетайки мен вафоси йўқ бу жаҳонни, ё, Мўмин!
Юраклардан суғуриб ол бу камонни, ё, Мўмин!
Бир қулингман, фарёдимга қулоқ сол.
Қалб боғида боқий айла гул- иймонни, ё, Мўмин!

Ал-МУҲАЙМИН

Ё, Муҳаймин, қалби поклар султони Сен!
Ё, Муҳаймин, дорул бақо имкони Сен!
Ё, Муҳаймин, осойишнинг аркони Сен!
Ё, Муҳаймин, хайру эҳсон макони Сен!

АЛ-АЗИЗ

Ё, Азиз, Сенга таваккул айладим,
Ё, Азиз, равшан йўлингни танладим,
Ё, Азиз, руҳни синовга шайладим,
Ё, Азиз, Сенсиз ҳаётда найладим!

АЛ-ЖАББОР

Ватанимни обод кўриш муродимдир, Ё, Жаббор!
Улус дарди бўғзимдаги фарёдимдир, Ё, Жаббор!
Мен борман-ми, мен йўқман-ми, билинмас,
Лек миллатим бахти кулса, руҳ шодимдир, Ё, Жаббор!

АЛ-МУТАКАББИР

Тупроқ эдим, хоки сорман, ё, Мутакаббир!
Сен олдингда хору зорман, ё, Мутакаббир!
Недан ўзни унутайин, бош устимда нигоҳинг,
Қарзни олсанг хоби ёрман, ё, Мутакаббир!

АЛ-ХОЛИҚ

Умид Сендан, бир фаришта юборақол, ё, Холиқ,
Инсофсизлар қилмишини дафтарга сол, ё, Холиқ,
Тили бошқа, дили бошқа муллати-мушрикларни,
Тилин кесиб, қиёматда қозонга сол, ё, Холиқ!

АЛ-БОРИ

Онам мени кутганида кўнгил зори Сен эдинг!
Ёрим бола кутганида дилда Бори, Сен эдинг!
Болам бола кутганида мададкори бўл Ўзинг,
Неварамнинг неварасин Худо ёри, бўл Ўзинг!

АЛ-МУСАВВИР

Кўзни чиздинг қош остидан кўк осмонни кўрсин деб,
Лабни чиздинг қўлга олгач, нур Қуръонни ўпсин, деб,
Умр бердинг бу дунёда фаросатга тўлсин, деб,
Зурёд бердинг ўлганида роҳат билан ўлсин деб!

АЛ-ҒАФФОР

Ўзинг тингла дил оҳимни, ё, Ғаффор,
Кечир қилган гуноҳимни, ё, Ғаффор,
Сақла дўзах азобидан, ё, Ғаффор,
Жаннатдан бер даргоҳимни, ё, Ғаффор!

АЛ-ҚАҲҲОР

Бўйнимда илон экан, орзуларим, ё, Қаҳҳор,
Қалбимда нолон экан, орзуларим, ё, Қаҳҳор,
Бу дунё орзуларин тарк айладим, ё, Қаҳҳор,
Сенингла шодмон экан, орзуларим, ё, Қаҳҳор!

АЛ-ВАҲҲОБ

Ҳақ йўлида хасталарга хастаман, ё, Ваҳҳоб,
Зулм қўлида ёнганларга бастаман, ё, Ваҳҳоб,
Жоҳил бўлсак, илму эҳсон бағишла, ё, Ваҳҳоб,
Жиҳод излаб фақат Сенга сасдаман, ё, Ваҳҳоб!

АР-РАЗЗОҚ

Сен яратган дунё боғдир, ё, Раззоқ,
Саховатинг юксак тоғдир, ё, Раззоқ,
Душманга хор, дўстларга зор айлама,
Дастурхонга неъмат ёғдир, ё, Раззоқ!

АЛ-ФАТТОҲ

Гулни севдим, тиканидан қон ютдим, ё, Фаттоҳ,
Элни суйдим, жимлигидан ўҳ, куйдим, ё, Фаттоҳ,
Ҳақ йўлида ҳақларимдан ажралиб, ё, Фаттоҳ,
Сени севдим, дардларимни унутдим, ё, Фаттоҳ!

АЛ-ОЛИМ

Жоҳил аҳли иш бошида золим бўлди, ё, Олим,
Қўлларида ўғирланган молим бўлди, ё, Олим,
Адолатнинг шамчироғин сўндирмагил, ё, Олим,
Охиратнинг аҳкомида олим бўлди, ё, Олим!

Ал-КОБУД

Ризқу рўзни Сендан олдим, ё, Кобуд,
Тортиб олсанг ночор қолдим, ё, Кобуд,
Буйруғингдан чиқмай асло, ё, Кобуд,
Қалбга фақат Сени солдим, ё, Кобуд!

АЛ-БОСИТ

Осмон оёқ остида Сен учун, ё, Босит,
Замин оёқ остида Биз учун, ё, Босит,
Сен истасанг осмонни парам-парча этасан,
Бизни эса бу замин ютар бир кун, ё, Босит!

АЛ-ҲОФИД

Мен ғарибнинг ҳолига кулар кимлар, ё, Ҳофид,
Аммо киприк остида нурлар имлар, ё, Ҳофид,
Қўл силтайман дунёга, сендан мадад оламан,
Гарчи атроф айлана тикан симлар, ё, Ҳофид!

АР-РОФИ

Қулингга бир мансаб ато қил, ё, Рофи,
Тахтинга ирфонни мато қил, ё, Рофи,
Эҳсоннинг йўлида гадо қил, ё, Рофи,
Иймондан тойганда адо қил, ё, Рофи!

АЛ-МУЪИЗ

Ё, Муъиз! Бу не’мат, бу шараф дарёси Ўзинг,
Ё, Муъиз! Кўнгил гулшанининг ризоси Ўзинг,
Ё, Муъиз! Борлиқ ухлаганда рўёси Ўзинг,
Ё, Муъиз! Олам уйғонганда зиёси Ўзинг!

АЛ-МУЗИЛ

Ё, Музил! Иймонни отганлар кўпайиб кетди.
Ё, Музил! Зиллатга ботганлар кўпайиб кетди.
Ё, Музил! Ишламай ётганлар кўпайиб кетди.
Ё, Музил! Исмингни сотганлар кўпайиб кетди.

АС-САМИЙ

Ё, Самий! Саслар долғасида ярақлаган дур,
Ё, Самий! Сукунат сатҳида кезгувчи ҳузур,
Ё, Самий! Фикр осмонини қуршаб олганлар,
Ё, Самий! Қалбим уришини ўзинг тинглаб кўр!

АЛ-БАШИР

Ё, Башир! Савобу гуноҳим ўзингга аён,
Ё, Башир! Яшириб ёзсам-да сен учун баён,
Ё, Башир! Дунёлар мулкида ғолибсан-шоён,
Ё, Башир! Сендан қоча-қоча кетарман қаён!

АЛ-ҲАКАМ

Ё, Ҳакам! Ҳақиқат изладим дорул фанода,
Ё, Ҳакам! Кўзларим боғланиб гули раънода,
Ё, Ҳакам! Билмадим адолат асли маънода,
Ё, Ҳакам! Сенинг амрингдаман, боқий самода!

АЛ-ОДИЛ

Ё, Одил! Қайга борсам кўрдим юраклар яро,
Ё, Одил! Ёна-ёна қирмизи қоним қаро,
Ё, Одил! Ўзинг шавқат фармонини ўқигил,
Ё, Одил! Бош тутайлик одилсизликлар аро!

АЛ-ЛАТИФ

Умри дароз, ризқу фароғ  бер, ё, Латиф,
Зулмат аро йўлда чароғ  бер, ё, Латиф,
Насибамни майда-майда тергали,
Ўзинг қадоқ қўлга яроғ  бер, ё, Латиф!

АЛ-ХАБАР

Гуноҳ қилдик кундузлари, қора парда- девор қилдинг, ё, Хабар,
Гуноҳ қилдик биз тунлари, Хуршид ила ошкор қилдинг, ё, Хабар,
Қаҳринг Сенинг раҳминг экан, раҳминг огоҳ этгувчи сас,
Билмаганни охиратда тилим-тилим, абгор қилдинг, ё, Хабар!

АЛ-ҲАЛИМ

Ё, Ҳалим, кўнглима шавқатни сол,
Ё, Ҳалим, йўлима ҳурқатни сол,
Гуҳоҳ этсам марҳаматинг аяма,
Ё, Ҳалим, умрима шавкатни сол!

АЛ-АЗИМ

Уммон зарра, Сен азимсан, ё, Азим,
Осмон зарра, Сен азимсан, ё, Азим,
Мен милт этган учқундирман, ё, Азим,
Жаҳон зарра, Сен азимсан, ё, Азим!

АЛ-ҒАФУР

Бу дунёнинг ҳар куни нур-ёз эмас, ё, Ғафур,
Адолатсиз шотилари хўп соз эмас, ё, Ғафур,
Синовингда билиб-билмай йиқилдим,
Махфират қил, гуноҳларим кўп, оз эмас, ё, Ғафур!

АШ-ШОКИР

Шукр Сенга, бандага қул бўлмадим, ё, Шокир,
Шукр Сенга, ниҳол экан сўлмадим, ё, Шокир,
Неъматингни ҳар лаҳзада ҳис этдим, ё, Шокир,
Шукр Сенга, ўлиб туриб, ўлмадим, ё, Шокир!

АЛ-ОЛИ

Аркинг аркида йўқдирки адад, ё, Оли,
Қўлни очсак ўзинг мадад, ё, Оли,
Қиёс излаб қиёсингни топмадим,
Олий Сенсан, олий абад, ё, Оли!

АЛ-КАБИР

Ё, Кабир, азмингда илму мурват бўлолсайдим,
Ё, Кабир, назмингда шеъру-шуҳрат бўлолсайдим,
Йўқ, ожизман, мунавварлик Сенга хос,
Ё, Кабир, наздингда қули ибрат бўлолсайдим!

АЛ-ҲАФИЗ

Отам-онам қабрин нурла обод қил, ё, Ҳафиз,
Руҳларини жаннатингда дилшод қил, ё, Ҳафиз,
Осий дунё ўтганларни унутар, ё, Ҳафиз,
Боқий элда улар номин Сен ёд қил, ё, Ҳафиз!

АЛ- МУКИТ

Ориятни баланд туттим, хорландим, ё, Мукит,
Хосиятни баланд туттим, зорландим, ё, Мукит,
Ҳийла-найранг тузоғини севмадим, ё, Мукит,
Оқибатда жаннатингга чорландим, ё, Мукит!

АЛ- ҲОСИБ

Сув балоси, олов балосидан қўрқдим, ё, Ҳосиб,
Чув балоси, алдов балосидан қўрқдим, ё, Ҳосиб,
Ҳабияллоҳ-ул-Ҳосиб, ўзинг асра,
Қув балоси, ҳийла балосидан ё, Ҳосиб!

АЛ-ЖАЛИЛ

Масканимга шамол келди, ё, Жалил,
Машрабимга камол келди, ё, Жалил,
Сенинг номинг зикр этсам, қай маҳал,
Мансабимга жамол келди, ё, Жалил!

АЛ-КАРИМ

Тунлар тонгга уланар,  “Ё, Карим!” десанг,
Мазлум шуур ҳурланар, “Ё, Карим!” десанг,
Йўлинг етиб Дорулбақога,”Ё, Карим!” десанг,
Руҳинг қайта нурланар, “ Ё, Карим!” десанг!

АР- РОҚИБ

Олам аро бе рақибсан, ё, Роқиб,
Биз таъзимда, бе таъқибсан, ё, Роқиб,
Гуноҳимиз ҳаддан ошиб кетган кун,
Азоб учун ўт ёқибсан, ё, Роқиб!

АЛ-МЎЖИП

Сабр биздан, қадр Сендан, ё, Мўжип,
Садр биздан, адр Сендан, ё, Мўжип,
Хиёнатга қулинг муҳтож қолганда,
Қабр биздан, жабр Сендан, ё, Мўжип!

АЛ-ВОСИ

Мен ишонсам, ишонганим сотди, ё, Воси,
Дўстим пойлаб юрагимдан отди, ё, Воси,
Фақат Сенга инондим сўнг, ё, Воси,
Қалбим ҳаёт таъмин тотди, ё, Воси!

АЛ-ҲАКИМ

Ҳикмат излаб умр кечди, ё, Ҳаким,
Хотирадан излар ўчди , ё, Ҳаким,
Ва билмадим, ҳикмат Сенда, ё, Ҳаким,
Кўзбоғимни ажал ечди, ё, Ҳаким!

АЛ-ВАДУД

Қалам қолиб, қилич тушди қўлима, ё, Вадуд,
Душман эмас, дўстлар чиқди йўлима, ё, Вадуд,
Иймон суви келгач кўнгил чўлима, ё, Вадуд,
Ҳаёт надир, бошни урдим ўлима, ё, Вадуд!

АЛ-МАЖИД

Ё, Мажид, Сен азаматлар азамати,
Ё, Мажид, Сен кароматлар каромати,
Магар Сенинг улуғлигинг кўролмасам,
Ё, Мажид, мен маломатлар маломати.

АЛ-БОИС

Не-не зўрлар, зўравонларни кўрдим, ё, Боис,
Не-не чўллар, йўл-равонларни кўрдим, ё, Боис,
Кучсизу заррадирлар пули сиротнинг олдида,
Сендан қўрққан қалб-шодонларни кўрдим, ё, Боис!

АШ- ШОҲИД

Бўҳтондан чиқмади бошим, ё, Шоҳид,
Андуҳдан сўнмоқда Қуёшим, ё, Шоҳид,
Фарзандлар доғида ёндирма, фақат,
Аршингга етганда ёшим, ё Шоҳид!

Ё, ҲАҚ

Ҳақ йўлида ноҳақ бўлганлар қанча, ё, Ҳақ,
Ҳақ йўлида барҳақ бўлганлар қанча, ё, Ҳақ,
Ўзларини Қуёш деб оқибатда бир куни, ё, Ҳақ,
Қонга ботиб шафақ бўлганлар қанча, ё, Ҳақ!

АЛ-ВАКИЛ

Оғоч бўлдим, дор бўлмадим, ё, Вакил,
Судралдим гоҳ, мор бўлмадим, ё, Вакил,
Таваккални Сенга қилдим, ё, Вакил,
Ғариб эдим, хор бўлмадим, ё Вакил!

АЛ-ҚОВИЙ

Кўкка боқдим тилсим кўрдим, ё, Қовий,
Ўзни омий қил сим кўрдим, ё Қовий,
Таълимотинг чашма янглиғ симиргач,
Сир калитин гулсум кўрдим, ё, Қовий!

АЛ-МЕТИН

Сен метинсан, мен турғунман, ё, Метин,
Сен иноят, мен туйғунман, ё, Метин,
Туйнугингдан кириб бордим қасрингга,
Сен лутфсан, мен уйғунман, ё, Метин!

АЛ-ВАЛИЙ

Одамлар орасидан дўст излабман бефойда, ё, Валий,
Умидларим сув бўлиб оқиб кетдилар сойда, ё Валий,
Ҳақиқий дўст-Сен кирдинг ҳувиллаган қалбимга, ё, Валий,
Орзуларим чинма-чин юксалдилар бир жойда, ё Валий!

АЛ-ҲАМИД

Ал-ҳамидуллоҳу Раббил аъламин, ё, Ҳамид,
Сен покиза, Сен ҳафизау аъламин, ё, Ҳамид,
Сенга сано айтмоқ қарзу муборак, ё, Ҳамид,
Ҳамд ёзмаса синсин қўлда қаламим, ё, Ҳамид!

АЛ-МУҲСИЙ

Тонгда турдим, бош устида Сен эдинг, ё, Муҳсий,
Хаёл сурдим, бош устида Сен эдинг, ё, Муҳсий,
Хоҳ тун эди, хоҳ кун эди- дунё кездим-
Қайда юрдим, бош устида Сен эдинг, ё, Муҳсий!

АЛ-МУБДИЙ

Билмам лоймидим, пахсазаннинг оёғида, ё, Мубдий,
Билмам оймидим, чўпонларнинг таёғида, ё, Мубдий,
Одам бўлдим Сенинг кароматингдан, ё, Мубдий,
Билмам не хат бор пешонамнинг нарёғида, ё, Мубдий!

АЛ-МЎБИД

Асл сўроқ ҳузурингда туришдир, ё, Мўбид,
Асл юриш кўпригингда юришдир, ё, Мўбид,
Жаннатингдан бенасиб қолганларга, ё, Мўбид,
Асл азоб дўзахингда куйишдир, ё, Мўбид!

АЛ-МУҲЙИ

Айро тушдим сокин қишлоқ – онамдан, ё, Муҳйи,
Айро тушдин жўшқин шаҳар – отамдан, ё, Муҳйи,
Азобларим зардоб бўлиб оқдилар, ё, Муҳйи,
Айро тушдим фоний дунё – оламдан, ё, Муҳйи!

АЛ-МЎМИЙТ

Ўлим надир, ўлим Сенинг қарзингдир, ё, Мўмийт,
Ҳаёт надир, ҳаёт Сенинг дарсингдир, ё, Мўмийт,
Фаришталар хизматида мунтазир, ё Мўмийт,
Одам надир, одам Сенинг фарзингдир, ё, Мўмийт!

АЛ-ҲАЙЙ

Билмадим бу дунёда неткинчимиз, ё, Ҳайй,
Дунё ўрмон, балки биз ўтинчимиз, ё, Ҳайй,
Абадият мулкининг соҳибисан, ё, Ҳайй,
Сен яшайсан, биз эса ўткинчимиз, ё, Ҳайй!

АЛ-ҚАЮМ

Садаф тишни терганингдай дунё тиздинг, ё, Қаюм,
Савоб гуноҳ орасида бизни туздинг, ё, Қаюм,
Истаганда бор аялдинг, ёр айладинг, ё, Қаюм,
Истаганда барчасини қайта буздинг, ё, Қаюм!

АЛ-ВОЖИД

Қоча-қоча қайга қочиб бораман, ё, Вожид,
Одил йўлда уруғ сочиб бораман, ё, Вожид,
Юрагимга чўғ оловни солдинг Сен, ё, Вожид,
Ёна-ёна эшик очиб бораман, ё, Вожид!

АЛ-МАЖИД

Бойликлардан узоқда бой эдим, ё, Мажид,
Йўлимга рақиб чиқса ёй эдим, ё, Мажид,
Давлатим бўлмасада шарафимни сақладинг,
Дарё лойқа, мен-тиниқ сой эдим, ё, Мажид!

АЛ-ВОҲИД

Биз на олову на тутун, ё, Воҳид,
Сен воҳидсан-бир бутун, ё, Воҳид,
Бирлаштиргин қулларингни ё, Воҳид,
Биз тарқоқмиз, зор-юпун, ё, Воҳид!

АС-САМАД

Сен муҳтож эмассан, мен муҳтожман, ё, Самад,
Мен гултож эмасман, сен гултожсан, ё, Самад,
Сен менга гултожу мен Сенга муҳтожу
Бу дардим гар шоҳ эса, ман хирожман, ё, Самад!

АЛ-ҚОДИР

Юрагимда ҳасратим бор, содири Сен, ё Қодир,
Шууримда нусратим бор, нодири Сен, ё, Қодир,
Миллатимга ўғил бўлиб, хизмат айламоқ учун,
Бу дунёда фурсатим бор, қодири Сен, ё, Қодир!

АЛ-МУҚТАДИР

Тахту Сулаймонни нетай, тахтинг олдида, ё, Муқтадир,
Бош олиб қайга кетай, шаҳдинг олдида, ё, Муқтадир,
Еру кўкда қудрат Сенсан, Ўзинг қўлла, ё, Муқтадир,
Мен муродимга етай, аҳдинг олдида, ё, Муқтадир!

АЛ-МУҚАДДИМ

Ё, Муқаддим, мансаб бердинг ҳўл бўлди дудоқларим,
Ё, Муқаддим, сасинг тинглаб, лов ёнди қулоқларим,
Ё, Муқаддим, сироти мустақиймда Сени ёдлаб,
Ё, Муқаддим, оғмадим- тутиб турди оёқларим!

АЛ-МОҲИР

Нур Каъбаи мукаррамим осмондир, ё, Моҳир,
Мадинаи Мунавварим достондир, ё, Моҳир,
Тепиб турар кўкрагимнинг ичида, ё, Моҳир,
Самарқанду мўътабарим сарсондир, ё, Моҳир!

АЛ-АВВАЛ

“Ё, Аввал!”, деганди бобомнинг бобоси,
“Ё, Аввал!”, отамнинг қалб уриш садоси,
“Ё, Аввал!”, умримнинг ибтидо, адоси,
“Ё, Аввал!”, қул бор-ки, бу сўзнинг гадоси!

АЛ-ОХИР

Қайдан келиб яна кетурмиз қаён, ё, Охир,
Соати етганда қиласан аён, ё, Охир,
Боқийлик ярашар зотингга танҳо,
Аввалу Охирдан Ўзингсан шаён, ё, Охир!

АЗ-ЗОҲИР

Етти мулким ўз ўрнида, Сен моҳирсан, ё, Зоҳир,
Тафаккурим дарёсида, Сен ҳозирсан, ё, Зоҳир,
Муҳаббат не, билмоқ истаган банда, ё, Зоҳир,
Сени севсин, кўнгул Зуҳра, Сен Тоҳирсан, ё, Зоҳир!

АЛ-БОТИН

Ақл чашма, Сен тубида кўзисан, ё, Ботин,
Дилим булбул Сен тилида сўзисан, ё, Ботин,
Руҳим Сенсиз яшай олмас бир лаҳза, ё, Ботин,
Руҳим иймон, Сен илмида Ўзисан, ё, Ботин!

АЛ-ВОЛИЙ

Ё, Волий, ёшга сиҳат, кексаларга умр бер,
Ё, Волий, баҳсга ақл, юракларга сабр бер,
Ё, Волий, ғарибларнинг бурда нонин олдилар,
Ё, Волий, разолатга ботганларга жабр бер!

АЛ-МЎТАОЛИ

Шубҳа дилни кемиради, ё, Мўтаоли,
Гумон элни емиради, ё, Мўтаоли,
Сендан қайтган нобакорлар нобакори,
Динсизликдан семиради, ё, Мўтаоли!

АЛ-БАРР

Яхшиликни хайру эҳсонингдан олдим, ё, Барр,
Мурувватни меҳру осмонингдан олдим, ё, Барр,
Ёмонликни маълун шайтондан олди ким,
Омонликни илму урфонингдан олдим, ё, Барр!

АТ-ТАВВОБ

Тавба чоғи ҳилу ҳилдим, ё, Таввоб,
Гуноҳимни аққол билдим, ё, Таввоб,
Ўзинг кечир, остонангда тиз чўкдим,
Тавба қилдим, тавба қилдим, ё, Таввоб!

АЛ-МЎНТАҚИЙМ

Дарра азоблари не эмиш, ё, Мўнтақийм,
Арра азоблари не эмиш, ё, Мўнтақийм,
Бошига келганлар англади, ё, Мўнтақийм,
Зарра азобларинг не эмиш, ё, Мўнтақийм!

АЛ-АВФУВ

Хўп гуноҳга тўлдим ман, авф этармисан, ё, Авфув?
Минг пушаямон бўлдим ман, авф этармисан?
Игна яшар юрагимнинг остида, зардоб йиғиб, ё, Авфув,
Оҳ, қийналиб ўлдим ман, авф этармисан, ё, Авфув?

АР-РАУФ

Ё, Рауф, дарёлар қуриб битарди дардим тегирмонида,
Ё, Рауф, қоялар нураб кетарди дардим селимонида,
Хайрият, Сен, бардошдан томиримга қон қуйдинг,
Ё, Рауф, билмам дунё нетарди дардимнинг тўфонида!

МОЛИКУЛ-МУЛК

Моликул-Мулк, Сен бадавлат, мен молсиз,
Моликул-Мулк, Сен басавлат, мен ҳолсиз,
Моликул-Мулк, Сен неъматингдан улуш бердинг,
Моликул-Мулк, Сен сахийсан, мен хасис!

ЗУЛ-ЖАЛОЛИ ВАЛ-ИКРОМ

Ё, Зул-Жалоли вал-Икром,
Дардли борки, Сен акром,
Оғир кунда Сенга сиғиндик,
Сиҳат яшаш қил инъом!

АЛ-МЎҚСИТ

Саҳар уйғонаман дилимда номинг, ё, Мўқсит,
Саждага борганда йўлимда номинг, ё, Мўқсит,
Вақт ила савашиб келади оқшом, ё, Мўқсит,
Уйқуга кетаман тилимда номинг, ё, Мўқсит!

АЛ-ЖОМИЙ

Бор айладинг осмонни, ё, Жомий,
Бор айладинг инсонни, ё, Жомий,
Осмон учун Қуёшни, Инсон учун, ё, Жомий,
Ёр айладинг Қуръонни, ё, Жомий!

АЛ-ҒАНИЙ

Йўқдан борман-Сенинг улкинг, ё, Ғаний,
Нафас олсам, Сенинг мулкинг, ё, Ғаний,
Китобингни кўзга суриб, лабга босдим, ё, Ғаний,
Комил руҳим-Сенинг хулқинг, ё, Ғаний!

АЛ-МЎҒНИЙ

Ким камбағал, ким бойдир, ё, Мўғний,
Ким юлдузу ким ойдир, ё, Мўғний,
Фармон Сендан келадур, ё, Мўғний,
Ким камону ким ёйдир, ё, Мўғний!

АЛ-МОНИЙ

Муродига етмаса қазоси ўзидадир, ё, Моний,
Айби муқаррар бўлса жазоси Ўзингдандир, ё, Моний,
Тавбасига таянса, нияти саҳиҳ экан, ё, Моний,
Муроди ҳосил бўлар, сазоси ўзидадир, ё, Моний!

АД-ДОРР

Ҳам фонийда, ҳам боқийда норинг бор, ё, Дорр,
Ҳам заминда, ҳам осмонда ёринг бор, ё, Дорр,
Сен истасанг ғазабингдан кимса қочиб қутулмас,
Ҳам бешикда, ҳам тобутда доринг бор, ё, Доор!

АН-НОФИ

Яхши истаб, ёмон бўлдим, ё, Нофи!
Ранги-рўйи сомон бўлдим, ё, Нофи!
Қўлларимни кўкка очиб, ё, Нофи!
Ҳукминг ила омон бўлдим, ё, Нофи!

АН-НУР

Оғочмидим, ёна-ёна кул бўлдим, ё, Нур,
Олтинмидим, сўна-сўна пул бўлай, ё, Нур,
Мунаввар нур қучоғида яралдим, ё, Нур,
Инсон бўлай, Сенга содиқ қул бўлай, ё Нур!

АЛ-ҲОДИЙ

Ҳидоятсиз кўча-куйда дол эдим, ё, Ҳоди,
Қомат алиф аслида бир зол эдим, ё Ҳоди,
Лутфинг ила шайтонлардан қутулдим, ё, Ҳоди,
Бугун инсон, кеча асли лой эдим, ё, Ҳоди!

АЛ-БАДИЙ

Бир томчидан мукаммал жон яратдинг, ё, Бадий,
Бир донадан насиба-нон яратдинг, ё, Бадий,
Қулларингга ишонч сели ёғдириб, ё Бадий,
Ҳар бирини халифа-хон яратдинг, ё, Бадий!

АЛ-БОҚИЙ

Ёмондан доғ, яхшидан боғ қолдирдинг, ё, Боқий,
Гулдан тикан, уммондан тоғ қолдирдинг, ё, Боқий,
Сен буюрсанг фоний бақо бўлғувси, ё, Боқий,
Инсондан нур, шайтондан зоғ қолдирдинг, ё, Боқий!

АЛ-ВОРИС

Ўтмишим Сен, келажагим ҳам Ўзинг, ё, Ворис,
Ҳадаф олиб елажагим ҳам ўзинг, ё, Ворис,
Кимса мендан ҳисоб сўраб толмасин, ё, Ворис,
Мен ҳисобни беражагим ҳам Ўзинг, ё, Ворис!

АР-РАШИД

Замин тунга бўялганда, Сен келасан, ё, Рашид,
Кўзим кунга бўялганда, Сен келасан, ё, Рашид,
Йўл йўқотиб синганимда чил-чил бўлиб,
Қалбим хунга бўялганда, Сен келасан, ё, Рашид!

АС-САБР

Сабр таги олтин, дейди боболар, ё, Сабр,
Сабр сўнгдан олдин, дейди боболар, ё, Сабур,
Сенинг сабр салтанатинг уммондир, ё, Сабр,
Сабр ҳақдин олгин, дейди боболар, ё, Сабр!

АЛ-АҲАД

Сени икки, деган тилллар лол бўлар, ё, Аҳад,
Сени йўқдир, деган илм фол бўлар, ё, Аҳад,
Сен Воҳидсан, лам ялид валам юлад,
Сени хаёл деган кимса мол бўлар, ё, Аҳад!

АЛЛОҲ

Аллоҳ, Сени севолдим, гўзал тано керакмас,
Аллоҳ, Сенга сиғиндим, мансаб мано керакмас,
Аллоҳ, Сени куйладим, ўзга маъно керакмас,
Аллоҳ, Сенга интилдим, дорулфано керакмас!

Истанбул, 1995 йил.