Jahongir Mamatov: Oqsaroy sirlari (Savol-Javob)

O’NG SO’Z O’RNIDA 

Islom Karimovdan Shukrullo Mirsaidovga qadar…

Ismoil Jo’rabekovdan Shavkat Mirziyoevga…

Rustam Azimovdan Rustam Shog’ulomovga…

Erkin Vohidovdan O’tkir Hoshimovga …

Xullas, bugun siyosat maydonida bo’lganlar va bo’lmaganlar, tanishlar va bilishlar, ya’ni kim kimga yoki nimaga qiziqsa, o’sha haqda yo’llagan ochiq savollariga  baholu qudrat, bilganim qadar ochiq javoblar.

Boshqacha aytganda o’zbek siyosat sahnasining parda orqasidagi, Oqsaroydagi gaplarga qiziqsangiz bu kitob sizning uchun!

Muallif. 

Muxolifatsiz hukumat-benur va befayz

SAVOL: Islom Karimov yoki u tayinlaydigan boshqa “karimov”lar mamlakatni necha yil qo’lda tutadilar, deb o’ylaysiz? (Baxtiyor).

JAVOB: Muxolifatsiz yoki muxolifati ojiz jamiyatda zulm istagani qadar ildiz otadi. Bugun O’zbekistonda zulmga qarshi chiqa oladigan va uni engadigan muxolifat yo’q. Shu bois ham zulm emin-erkin hukm surmoqda. Ammo uni yiqitadigan muxolifat qachon etishib chiqadi?

Qachonki, zulmga qarshi muxoliflarning hammasi yoqavayronlikni yig’ishtirib, “man-man”likni tashlab, oniy manfaatga sotilmasdan, yolg’onchi muxolifatchilarning besh tangasiga uchmasdan, hukumatning nayranglariga ilinmasdan bir musht bo’lib, zarbani bir joyga ursalar zulmning ildizini qo’porishlari mumkin. Bu esa qiyin masala. O’tgan yillar buning qanchalik qiyinligini isbot etdi. Lekin shunday muxolif kuch bir kun etishib chiqadi. Faqat kech, ish-ishdan, g’isht qolipdan ko’chgandan keyin.

Muxolifatsiz hukumat benur va befayz, bekuch va beor “kurashchi”dir. Hammamiz buning guvohi bo’lib turibmiz.

Yetar-ki, suv tiniq bo’lsin!

SAVOL: Siz Islom Karimov siyosatini tinimsiz tanqid qilib kelasiz. Qamoqxonalar, mahbuslar, qiynoqlar mavzuida ham ko’plab tanqidiy chiqishlar qilgansiz.  Har doim Amerikani o’rnak qilib kelgansiz. Mana endi Amerika askarlarining Iroqdagi mahbuslarga nisbatan  vahshiyona harakatlaridan keyin  siz shuncha mehnatingiz suvga oqqaniga achinmaysizmi? Amerika va O’zbekiston orasida farq qolmadi-ku?  (Murodillo).

JAVOB: Farq bor va agar siz misol keltirgan voqeaning o’ziga qaraganimizda ham yer bilan osmon qadar farq borligini ko’ramiz.

Birinchidan, Iroqdagi voqeani shu Amerikaning askarlari qilgan bo’lsa, yana shu Amerikaning askarlari o’rganib, hisobot tayyorlab, masalani rahbariyatga taqdim etganlar.

Ikkinchidan, mazkur hisobot mutlaqo maxfiy bo’lishiga qaramay, yana shu Amerikaning matbuoti uni e’lon qildi va shundan keyingina siz ham bu haqda xabardor bo’ldingiz.

Uchinchidan, yana shu Amerikaning Kongressi hukumat rahbarlarini so’roqqa tortib, tit-pitini chiqarib yubordi va bosh egib mahbuslardan, dunyo jamoatchiligidan kechirib so’ramagan rahbar qolmadi.

To’rtinchidan, aybdorlarni yana shu Amerikaning sudi ochiq muhokama qildi.

Bularning qaysi birini O’zbekistonda topasiz? Shovruq Ro’zimurodov va boshqalar qiynab o’ldirilganda faqat xorijliklar gapirdilar, o’zbek muxolifati dod soldi, ammo O’zbekiston rahbariyati doirasida  suv quygandek jim-jitlik edi. Quloqlar kar, ko’zlar ko’r. Kim tekshirdiyu qaysi matbuot bu haqda yozdi? Aybdorlarni qaysi sud muhokama qildi?

Demokratiya bus-butun, kamchiliksiz tuzum emas, jumladan Amerikaning ham muammolari tiqilib yotibdi. Ammo demokratiya o’z kamchiliklarini topib va davolab boradi.  Hech bo’lmasa shunga urinadi. Diktatura esa kamchiliklarni bosib, yashirib yotgan yuhodir. Uning qarshisiga chiqqan uning domiga tushadi. Farq mana shunda.

Yozganlarim suvga oqsa oqar, etar-ki o’sha suv tiniq bo’lsin!

Qaytish xayoldir

SAVOL: Men o’zimni yangi avlodning vakili deb bilaman. Chunki o’zimdan oldingi avlod haqida menda noto’gri ma’lumotlar bo’lganini chetga chiqib bildim. Bunda jumladan sizning veb sahifangiz ham rol o’ynadi. Juda ko’p narsani bilmas ekanman, biz ko’zi ko’r qilib etishtirilgan avlod ekanmiz. Lekin ana shu ko’zi ko’rlar orasida chetga chiqib yoki mamlakatning o’zida ham cheklangan imkoniyatlar bilan ko’zlari ochilayotgan bir yangi avlod bor. Men o’zimni ana shunday yangi bir avlodning vakili deb bilaman. Siz vatan haqida ko’p yozasiz. Xo’p, shu  Vatanga qaytmaysizmi, agar qaytsangiz, qachon va qanday sharoitda qaytasiz? (Odil).

JAVOB: Bilasizmi, qachon qaytish haqidagi savolga javob berish uchun nima uchun chiqib ketgandim, degan savolga to’xtalish kerak.

Ishlab pul topish yoki sharoitni yaxshilash yo bo’lmasa bolalarni o’qitish kabi  sabablar bilan emas, tirik qolib, qo’limdan kelgani qadar inson ozodligi uchun kurashni davom ettirish istagi bilan chiqib ketganman. Chunki men ham  sirtdan o’limga hukm qilinganlardan biri edim.

Nomim 1991 yilning 30 oktyabrida Oliy Kengashning 7-sessiyasida Islom Karimov siyosatiga qarshi isyon qilgan deputatlar ro’yxatining boshida turgani uchun ham boshqalarga nisbatan meni oldinroq yo’q qilishni rejalagan edilar. O’sha sessiyada  men bilan birga bosh ko’targan deputatlardan  ko’pchiligi siyosiy sahnadan yo’qotib yuborildi׃ Shovruq Ro’zimurodov, Toyiba To’laganova, Murod Jo’raev, Samandar Qo’qonov, Inomjon Tursunov, Oygul Mamatova va boshqalar.

O’zim bilan birga oilam ham quvg’inga olindi. Umr yo’ldoshimni mendan voz kechmagani uchun sudga, javobgarlikka tortishdi. Bular haqida ko’p yozganman. Bundan 15 yil oldin yo’limga qo’yilgan to’siqlar bugun ham turibdi. Agar ana shu to’siqlar olib tashlansa o’sha zahoti qaytaman. Lekin bu yaqin orada bo’lishiga ko’zim etmaydi. Diktatura osonlikcha jon bermaydi.  Bu esa qaytish haqidagi xayollarni emira boradi. Achchiq realizm!

Agar vatan Karimov bo’lsa, men bu vatandan kechdim!

SAVOL: Siz nima uchun maqolalaringiz va boshqa yozgan asarlaringizda Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Ozod Sharafiddinov kabi O’zbekiston qahramonlariga hujum qilasiz? Bu ular qahramonlikni olib, siz ololmaganingiz uchun emasmi? (Kamoliddin).

JAVOB: Bunday qahramonlik unvonlarini qachonlardir olishim mumkin edi. Faqat buning uchun fe’limda gadoning, qulning kuniga tushishga moyillik bo’lishi kerak.  Shundan “benasib” qolganmiz.

Jurnalist Dadaxon Yoqubov bilan birga 1990 yilda Navro’z marafonini o’tkazganimizda xalqni ishontira olish  va ergashtira olish kuchimizni ko’rgan Karimov  ishni bizni “sotib olishdan” boshlagandi. U o’shanda menga  “O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan jurnalist” unvonini bergan edi. Tarixni varaqlasangiz bu uning prezident sifatida imzolagan birinchi farmoni ekanini ko’rasiz. Lekin unga “sodiq” bo’la olmadim.

Erkin Vohidov, Abdulla Oripov va Ozod Sharafiddinovlarni shaxsan taniyman. Erkin aka bilan ikki yil O’zbekiston Oliy Kengashining Oshkoralik qo’mitasida, bitta xonada ishlaganmiz. Bu haqda “IAK” memuarida batafsil ma’lumot topishingiz mumkin.

Ijodkor millatning vijdoni deyishadi. Lekin bu vijdon faqat o’zining halovatini o’ylasa, qotilliklar, jinoyatlar, o’g’irlik, talon-tarojlikka sherik bo’lsa u vijdon emas, jig’ildon, harom jig’ildondir.

Ijodkor ikki yuzlamachilik qilsa chiday olmayman. Qo’limdan nima ham keladi? Faqat fikrlarimni ochiq yozishim mumkin. Bu qadar.

Chetda yurganimda ana shunday ijodkorlar oraga tushib, “Qo’ying hammasini, keling oqsoqolni bir-ikki maqtab yozing, ish ham beradilar, unvon ham” deganlarida  sevinib yugurmadim, qo’limdan kelmadi.

Ozod aka  xalq dardini eng ko’p bilgan odam. Shu odam ham xalqdan yuz o’girib ketgani fojeamiz naqadar buyukligini ko’rsatadi.

Bugungi unvonlar o’tkinchi. Bugun Karimovning qo’lidan unvon olish uning jinoyatlariga sherik bo’lishdir. Vijdonga sodiq qolishdan buyuk unvon yo’q. Amerikada va boshqa joylarda ijodkorlar unvon olmaydilar. Ularning qadr – qimmatlari asarlarining ahamiyati bilan o’lchanadi.

“Agar vatan Karimov bo’lsa, men bu vatandan kechdim, agar unvon Karimov bo’lsa bunday unvonu vazifalardan kechdim” deya “Ozodlik” radiosidan 1993 yilda aytganman. Shu so’zimga sodiq qoldim.

“Sehr” asorati

SAVOL: Siz Karimov hali uzoq vaqt taxtdan tushmaydi deb o’ylaysiz, shekilli? (Odil).

JAVOB: Balki… O’zbekistonning yaqin kelajagi haqida optimist emasman. Ammo Karimovning “quyoshi” so’nmoqda. Kimning ham quyoshi so’nmaydi!

Bugunga qadar bu “quyosh”ga sig’inganlar endi xalqqa va haqiqatga xizmat qilib, o’zlarini oqlab oladigan fursat keldi. Agar bu fursatni ham qo’ldan boy bersalar, tabiiyki kelgusida yuzlari shuvut bo’ladi. “Rashidovning sehriga tushgan edik” deganlar kabi bular ham “Karimovning sehriga tushgan edik” deya olmaydilar. Chunki bugun  bu “sehr” ning  asoratidan qutulmoqning imkoni bor.

Afsuski biz imkonlarni bosh berishga odatlanganmiz. Balki buni aytaylabdan qilarmiz. Chunki Karimovdan keyin boshqa “karimov” keladi degan gapga ishonamiz va bu to’g’ri bo’lib chiqadi ham. Tarix bo’yi shunday bo’lmaganmi?

Qalqon

SAVOL: Shanxay tashkiloti masalasiga qanday qaraysiz, bu O’zbekistonga  foyda keltirdi-mi? (Oysara).

JAVOB: Gapning indallosini aytganda Xitoy va Rossiya AQSh bilan raqobat qilishga intilmoqdalar va buning uchun har bir kichik imkoniyatni ishga solmoqdalar. Shanxay tashkiloti qutblashmaning bir ko’rinishi.

Shunday ekan, qolganlar bu ishning ichida nima qilib yuribdilar?

O’zbekiston nima sababdan Rossiya va Xitoyning pinjiga tiqilmoqda? Hatto Rossiya bilan strategik sheriklik shartnomasini imzoladi.

Bu O’zbekistonning, uning xalqining manfaatidan kelib chiqmagan narsa. Bu zolim rejimning, yana ham aniqrog’i Karimovning shaxsiy manfaatidan kelib chiqqan narsa. Chunki AQSh O’zbekiston bilan tuzgan strategik sheriklik shartnomasiga demokratiya va inson huquqlari masalasini kiritdi. Toshkentga yoqmadi. Rossiya bilan tuzilganda esa bu narsa “esdan chiqib” qoldi. Xitoy esa o’zi beshbattar.

Shunday ekan, “Shanxay” o’zbek xalqiga hech narsa olib kelmaydi, balki faqat Karimovga o’zini qoniqtirish uchun tashqi qalqon bo’lib ko’rindi, deyish mumkin.

Manfaat

SAVOL: Bugun O’zbekiston hukumati tashqi kuchlar manfaatlarini to’la anglab etayaptimi?(Zokirjon).

JAVOB: Nazarimda O’zbekiston hukumati tashqi kuchlar manfaatlarini to’la anglab etayotgani yo’q. O’zbekiston hukumati kichik manfaatlar uchun katta narsalarni qurbon qilish bilan ovora. Masalan, demokratiyaga tayangan davlatlarda kimning prezident yoki bosh vazir bo’lishidan qat’iy nazar mamlakatning ustivor manfaatlari ob-havoga o’xshab o’zgaravermaydi.

To’g’ri prezidentlarga qarab ichki va tashqi siyosatda o’zgarishlar kuzatilishi mumkin va bu aksar hollarda qonun yaratuvchilar bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.

Ammo O’zbekistonda bugun Islom Karimovning manfaati mamlakat va millat manfaatidan ustun qo’yilgan. Masalan: O’zbek xalqiga hatto bir milliard dollarlik yordam qilaman yoki bir million kishiga ish joyi ochaman degan xorijlik ham agar Karimovni tanqid qilib qo’ysa, bir daqiqada kavushi teskari qilib qo’yiladi.

O’zgalarning manfaatlarini anglamoq uchun eng avvalo o’z mamlakati va millatining manfaatini anglamoq kerak.

Qiyin ish

SAVOL: O’rta Osiyodagi davlatlararo “sovuqlik” qanday hal qilinishi(yumshatish) mumkin? Yoki unda ham “g’arb demokratlari ko’magi” kerakmi?(Zokirjon).

JAVOB: Bu mavzuda ilgari ko’p yozganman. SSSR parchalangan kunlarda bunday sovuqlik yo’q edi va bugunga qadar bu vujudga keltirildi. Shu sababdan uni vujudga keltirganlar boshqaruvda ekan, bu haqda orzu qilish ham befoyda. Chunki ular juda mayda, shaxsiy manfaatlari uchun asli bir oilaning farzandlari bo’lgan insonlarni bugun bir-biriga yov qilib qo’ydilar. Endi ular hatto bir-birlarining oyoqlaridan otmoqdalar ham.

Bugungi rahbarlar xalqning umumiy birligini parchalab, “o’zbekchilik”, “qozoqchilik”, “qirg’izchilik”, “turkmanchilik”, “tojikchilik” kabi tor ko’chalarga boshladilar. Bugun G’arb tugul butun dunyo birlashib kelsa ham mavjud sovuqlikni tugata olmaydi.

Bu kelajakning ishi va bugungi mansabparast to’ralarning oyog’i bu zamindan uzilgandan keyingina sovuqlik asta-sekin barham topishi mumkin.

Iliq munosabatni buzish uchun unchalik mahorat ham, intilish ham, qobiliyat ham talab etilmaydi. Bir ahmoqning qo’lidan keladigan ish bu.

Ammo sovuq munosabat o’rnida iliq, samimiy, do’stona munosabatni tiklash juda qiyin, murakkab jarayondir va juda ko’p aqlli odam ham bu jabhada kuchsiz qolishi mumkin.

To’qnashuv

SAVOL: Bugun Markaziy Osiyoda asosan qanday manfaatlar to’qnashmoqda? (Zokirjon).

JAVOB: Dunyoning manfaatlar to’qnashadigan bir qancha strategik-geopolitik markazlari bor va ana shulardan biri o’z nomi bilan Markaziy Osiyodir.

Birinchi, Markaziy Osiyo juda ko’p mamlakatlar uchun yangi bozor ekanligidir. Hammaning ham bozorda dallol yoki xaridor bo’lib qolgisi emas, mahsulot sotib, mo’maygina pul qozongisi keladi. Shu jihatdan Rossiya, Xitoy va AQSh dunyo bozoriga hukmronlik qilish uchun raqobatlashayotgan kuchlar sifatida Markaziy Osiyoda ularning manfaatlari to’qnash kelmoqda.

Ikkinchi, xavfsizlik masalasi. Xitoy uchun Uyg’ur avtonom viloyati hayot-mamot masalasidir. Bu Xitoyning parchalanib ketishi uchun qulay bo’lgan nuqta. Checheniston Rossiya uchun qanday ahamiyat kasb etayotgan bo’lsa, Uyg’ur viloyati ham Xitoy uchun shunday birinchi galdagi masaladir. Ham chechenlar va hamda uyg’ular bilvosita emas, balki bevosita Markaziy Osiyoga bog’liqdirlar, ularning bu yerda chuqur rishtalari bor.

Rossiya va xitoyliklar bu nuqtani e’tibordan chetda qoldirsak tahlika shu joyda yuksaladi deb o’ylaydilar. Chechenlar va uyg’urlarning islomiy aqidalarni bayroq qilgan guruhlari kurashning qurolli yo’lini tanlaganlari jangarilar tahlikasiga qarshi turishni birinchi galdagi vazifa qatoriga qo’ygan AQShni ham bu mintaqadan uzoqlashmasligi uchun zamin hozirlaydi. Bu yerda manfaatlarning to’qnashuvi emas, balki mushtarakligini kuzatish mumkin.

Uchinchi, Markaziy Osiyoning yer osti va yer usti boyliklari masalasi. Asrlar davomida buyuk davlatlar buning uchun kurash olib borganlar va bugun ham bu kurash davom etmoqda.

To’rtinchi, Markaziy Osiyoning jug’rofiy potentsiali. AQSh uchun Rossiya, Xitoy hamda Hindiston orasida o’zining ramziy joyi bo’lishi juda muhimdir. Bu nafaqat Afg’oniston, balki Markaziy Osiyoning bus-butun holidagi jug’rofiy ko’rinishi bo’lishi mumkin. Chunki bir nuqtaga tayangan kuch kutilmaganda zaiflashib qolishi mumkin, ayniqsa rejimlar turli bo’lgan bir paytda.

Xullas, asrlar davomida bo’lgani kabi bugun ham Markaziy Osiyoda dunyoning eng kuchli davlatlarining manfaatlari to’qnash kelmoqda. Bu aslida mintaqa uchun juda muhim va katta imkoniyatdir. Agar mintaqada boshqaruvlar bu imkoniyatni o’z shaxsiy manfaatlari yo’lida emas, balki mamlakatlari va millatlarining manfaatlari yo’lida qo’llansalar buyuk istiqbolni ta’minlaydilar. Afsuski, shunday bo’lmayapti.

Yaxshilar ko’p… 

SAVOL: O’zbekistonda rejim o’zgarsa hukumatdagilarning hammasini yo’qotish kerak, degan tushunchaga qanday qaraysiz? (Erkin).

JAVOB: Bugun hukumat tizimlarida ishlayotgan odamlarning hammasini ayblash xato bo’ladi. Nazarimda prezident devonida ham, hatto o’sha Ichki ishlar vazirligi, Prokuratura, armiya, MXX da ham, Tashqi ishlar vazirligidan tortib, chet ellardagi elchixonalaru bugun biz yuz o’girgan matbuot idoralarida ham faqat o’zini emas, vatan va millatni ham o’ylaganlar bor. Ayniqsa, hukumatning birinchi shaxs darajasida bo’lmagan mulozimlari, quyi tizimlarida ya’ni viloyat va tumanlarda bundaylarni ko’proq uchratish mumkin.

Isyon qilish hammaning ham xislati emas. Bosh ko’tarish jasoratiga hamma ham tayyor deb ayta olmaysiz. Oilasi va bolalarining kelajagini tahlikaga solishga hammaning ham qurbi etmaydi. Bular o’z navbatida qo’rquvning ildizini sug’oradi. Ayniqsa, oila rishtalari juda kuchli bo’lgan bizning millatda.

Bu esa zulm mashinasini yurg’izganlarga qo’l keladi. Ular samimiy insonlarni qo’llanadilar. Kimlardir qo’llanilganini bilmaydi, kimlardir qo’llanilayotganidan ichki aziyat chekadi. Bu ayni paytda bizning hali bus-butun, barkamol millat darajasiga ko’tarilmaganimizning ham belgisidir.

Bugun Karimovni olib, o’rniga vijdonli va xalqqa mehribon birini qo’yib qo’ysangiz butun hukumat tizimi vijdonli va mehribon bo’lib qoladi. Zotan buni istab, shunday kunni kutib yurganlar ham ko’p.

Saddamning ketkazilishi tarafdori edim. Uning ketkazilishi boshqa diktatorlarga ham saboq bo’ladi, degan fikrda edim. Lekin Saddam ketishi bilan yo’l qo’yilgan bir-ikki jiddiy xato qanday oqibatlarga olib kelganini ko’rdik. Jumladan, Iroq armiyasi, hukumat tizimlari muxolifatning talabi bilan butunlay tarqatib yuborilar ekan, o’sha kuniyoq “Bu xato bo’ldi”, degan edim. Chunki bu tizimlarda bir-ikki kishi emas, millionlab odam ishlaydi va ularning millionlab yaqinlari, nonxo’rlari bor. Qolaversa ularning hammasi ham aybdor odamlar emas.

SSSR parchalanishi bilan butun kommunistlarni yo’qotsangiz kim qolar edi? Iroqda ham Saddamning o’rniga boshqa odamni tayinlab, keyin asta-sekinlik bilan yaxshi va yomon ajratilsa ayni muddao bo’lar va AQSh tomonidan ham, Iroq tomonidan ham bu qadar ko’p odam o’lmagan bo’lardi.

Tabiiyki, bu mening xususiy qarashim.

O’zbekistonda ham rejim o’zgarsa bu rejim ostida xizmat qilganlarning hammasi qurbon bo’lishi kerak, degan tushunchani oqlamayman. Yaxshilar ko’p…

Kelajak

SAVOL: Sizningcha Islom Karimov rejimidan keyin nima bo’ladi? O’zbekistonning kelajagi qanday bo’ladi? (Nosir).

JAVOB: Kelajakni ko’rib bo’lmaydi, ammo taxmin qilish mumkin. Bugungi sharoitda O’zbekiston kelajagini belgilaydigan bir qancha omillar bor.

Jumladan:

1.Diktaturadan keyin mamlakatda taxt uchun kurash boshlanib, siyosiy va jug’rofiy parchalanishlar kuzatilishi mumkin.

2. Mamlakat ikkinchi bir diktatorning qo’liga o’tib, uzoq vaqt yana zulm ostida qolish ehtimoli bor.

3. G’arb davlatlari ko’magida demokratiyaga o’tish jarayonlari boshlanib, buning zamirida turli noxush voqealar yuz berib, mamlakat tashvishli mintaqaga aylanishi va shundan keyin uzoq vaqtda istiqbol yo’liga chiqishi mumkin.

4. Islomiy, kommunistik va yoki boshqa mafkuraga ishongan kuchlar qurol ko’tarib chiqishlari, mamlakatning mavjudiyati xavf ostida qolishi uchun ham zamin yo’q deb bo’lmaydi.

5. Mamlakat kuchli davlatlarning, masalan Rossiya va Xitoyning o’yinlariga qurbon bo’lishdek xavf vujudga kelmoqda.

6.Kutilmaganda hokimiyat hukumat tarkibida, hukumatdan tashqarida mamlakat va millat taqdiri uchun befarq bo’lmagan sog’lom kuchlar qo’liga o’tishi mumkin va hokazo.

Keyingi yillarda “qo’lga kiritilgan yutuqlar” mamlakat kelajagini umid va istiqloldan ko’ra ko’proq xavotir va tahlikaga bog’ladi. Shu sababdan ham bugun endi Islom Karimov rejimidan keyin nima bo’ladi, degan savolga bir so’z bilan javob berib bo’lmaydi.

Bugungacha shunday

SAVOL: Bir o’tirishda O’zbekistonning elchisi bilan gaplashib qoldik. U shunday dedi: “Men vazirlikda ishlar edim, bir kuni Moskvadan bir amaldor telefon qilib, “Tezda etib keling”, dedi. “Sizning davringiz o’tib ketdi, rasmiy taklif qilsangiz va aeroportda bizning milliy bayroq tursa, hamda rasmiy kutib olsangiz, boraman”, dedim. Ularni shunday qilishga majbur qildim va mustaqilligimiz nima ekanligini ularga ko’rsatib qo’ydim”. Siz mustaqillikning ilk yillarini yaxshi bilganingiz uchun elchimizning bu gaplariga nima deysiz?(Abdullo).

JAVOB: Savol yozgan kishi elchining ismini ham yozgan va u odam O’zbekiston mustaqilligining dastlabki yillarida juda kichik lavozimda ishlar edi. Keyin Karimovning diqqat markaziga tushdi. Katta ishlarda ishladi. Uning ismini yozmaganimning boisi u hozir Karimovning qora ro’yxatida. Zotan gap ismda emas. Chunki bunday gaplarni bugun ko’pchilikdan eshitish mumkin.

Yov qochsa bahodir ko’payadi, deganlaridek, mustaqillik qahramonlari ham ko’payib qolgan. 1990 yillarda “Mustaqillikka erishsak ochdan o’lamiz” deganlar bugun o’zlarini qahramon qilib ko’rsatmoqdalar.

O’zbekistonda haqiqiy tarix yo’qligi va ko’p narsalar soxtalashtirilgani bois har kim og’ziga kelganini gapirmoqda. Lekin haqiqiy tarix ham yo’qolgan emas va bir kun u butun xalqning mulkiga aylanadi. O’shanda yuqoridagi kabi soxta qahramonlikka o’rin qolmaydi. Chunki shundaylar aslida ruslarning labbaychilari bo’lgani o’rtaga chiqadi-da.

Uzoqqa bormaylik. 1989 yil matbuotini ko’tarib, O’zbekiston xalq deputatligiga nomzodlarning (hukumatning barcha mulozimlari ham nomzod edilar va mustaqil nomzodlar ham bor edi-JM) saylovoldi dasturlarini o’qib chiqish kerak va kimning kim ekanligi ravshan bo’ladi. Kim mustaqillik istagandi va kim Ittifoq tarkibida qolib ruslarga qul bo’lishni afzal ko’rgandi. Yangi tarixni barpo etishga hissa qo’shishni istaganlarga bu bir maydon.

Bevosita savolga kelsak, bunday narsalar kimningdir telefondagi gapi bilan emas, davlatlararo qoidalarga-protokolga asoslanadi. O’zbekiston mustaqil bo’lgandan keyin uni rasman taniganlar safida Rossiya ham bor. Rasman tan olindimi, munosabatlar ham rasmiy bo’ladi. Aeroportga chet mamlakat bayrog’ini ilish rasmiy yoki davlat tashriflarining talabi. Bugungacha shunday. Bundan keyin ham bu tartib o’zgarmasa kerak.

Haqiqat niholining ildizi

SAVOL: O’zbekiston qahramonlari haqida salbiy fikr bildiribsiz. Xo’p sizga qolsa kimga shunday unvon bergan bo’lardingiz?(Yusuf).

JAVOB:Avvalo shuni aytish kerakki, “O’zbekiston qahramoni” unvoni mamlakatning eng yuksak unvoni bo’lishi shart va uni bug’doy sepgandek sochish kerak emas. Qolaversa, mamlakat miqyosida qahramonlik ko’rsatish ham har kuni va yoki har oyda yuz beravermaydi.

Bu unvon birinchi galda mustaqillik uchun chin ma’noda kurashganlarga va so’ngra millat hamda mamlakat yo’lida jon fido qilganlarga, favqulodda bir ulug’ ishlarga qo’l urib, jasorat namoyish etganlarga berilishi kerak. Hozir esa prezidentni maqtaganlarga, unga sadoqat ko’rsatganlarga berilmoqda.

Kelajakda bu unvonni berishni faqat prezident hal qilmasligi kerak. Buni prezidentdan mustaqil bo’lgan bir guruh ko’rib chiqishi va imzolash uchun, o’z taklifini aytishi uchun prezidentga taqdim etishi lozim.

Ayni paytda prezidentning o’zi amalda turib bu unvonni o’ziga taqib olishini ma’naviyatsizlik, vazifasini suiistemol qilish deb baholash zarur.

Menga qolsa birinchi galda sho’rolar davrida ham mustaqillik kalimasini qo’rqmay aytgan va bu borada “O’lmas qoyalar” dek kuchli asar yozgan Evril Turon (Mamadali Mahmudov), Sovet davridayoq mustaqillikni kuylab dovrug’i dovon oshgan Dadaxon Hasan, SSSR oyoqda ekan prokuratura va militsiyani kommunistik partiyadan mustaqil qilish uchun birinchi odim otgan Murod Jo’raev, oshkoralik qaldirg’ochi Toyiba To’laganova, Karimov Qashqadaryoda ishlagan paytidagi qilmishlarini fosh qilish uchun qo’rqmay bosh ko’targan va bahodirlik timsoliga aylangan Shovruq Ro’zimurodov, KPSSga isyon qilib, uning boshlang’ich tashkilotini tarqatib yuborgan Samandar Qo’qonov, Karimov boshchiligidagi kommunistik guruh tish-tirnog’i bilan ko’rsatgan qarshiligiga qaramasdan O’zbekiston Mustaqilligi Deklaratsiyasini e’lon qilishda jasorat ko’rsatgan o’nlab Xalq deputatlariga bu unvonni loyiq ko’rgan bo’lardim.

Ajabmaski, Karimov rejimi yo’l qo’ygan mudhish xatolar bir kun tuzatiladi va adashgan unvonlar ham asl egalarini topadi.

Yolg’on daraxtining ildizi kalta bo’ladi va kun kelib bu daraxt “qilt” etgan shamolga bardosh berolmay gursillab yiqilib tushadi.

Haqiqat niholining ildizi esa juda chuqur bo’ladi va bu niholni yulib tashlaganingiz bilan baribir bir kun yana o’sib chiqadi.

O’rmon

SAVOL: O’zbekistonda inson huquqlariga oid vaziyat nima uchun borgan sari yomonlashib ketyapti? Qamoqxonalardagi shafqatsiz qiynoqlar, asossiz qamoqqa olishlar, dindorlarning ta’qib qilinishi, erkin fikrli, rostgo’y ijodkorlarning muttasil quvg’in qilinishi va shu kabilar… Bularning asosiy sabablari nimalardan iborat va hukumatning bundan ko’zlagan maqsadi nima?(Muhiddin).

JAVOB: Agar biror bir harakat nazoratdan chetda bo’lsa u quyushqondan chiqadi. Siz biror bir harakatingiz qonunga zid ekanligini bilsangiz va buning uchun jazo olishingizni tushunsangiz, tabiiyki o’sha g’ayriqonuniy yo’ldan qaytishga urinasiz. Lekin nazoratsizlik insonni vahshiy hayvonga aylantirishi mumkin.

O’zbekiston hukumatini cheklaydigan yoki nazorat qiladigan tizimlar u yoqda tursin hatto tanqid qiladigan ochiq minbar ham yo’q. Shunday sharoitda nafaqat inson haqlari balki boshqa sohalardagi vaziyat ham yomonlashib boraveradi. Bu esa zanjir halqasi ko’rinishini tashkil qiladi. Ana shu yomonlashuv sharoitida o’zini saqlab qolish uchun hukumat hamma narsaga tayyor bo’ladi. Agar dindorlarning soqoli xavf bo’lib ko’rinsa uni kestirish va yoki tug’iladigan bola tahlika deb bilinsa uni oldirib tashlashdan ham qaytmaydi. Buni yashash uchun kurash deb biladi. Bu hol o’rmon qonuniga yuz tutadi.

Hukumat der ekanmiz tabiiyki bir guruh odamlar nazarda tutiladi. Lekin ana shu bir guruh odamlar yashash uchun kurashning boshqa yo’lini ham tanlashlari mumkin. Buning uchun ularning boshida turgan odam birinchidan insofli, ikkinchidan vakolatlari cheklangan va uchinchidan qaysidir bir minbarda hisob berishga majbur, nihoyat eng asosiysi xalqaro hamda mahalliy qonunlarga bo’ysunuvchi bo’lishi kerak. Ya’ni bir guruh, bir xalq bitta odamning quliga aylanmasligi, balki qonun fuqarosi bo’lishi kerak. Afsus…

O’z bo’g’ziga pichoq tortish

SAVOL: O’zbekistonda matbuot erkin emasligining qanday sabablari bor? Nima uchun hukumat OAVni nazorat qilishni rasman bekor qilgan bo’lsa-da, amalda kuchaytirmoqda? Bunda jurnalistlarni ham ayblab bo’ladimi? (Muhiddin).

JAVOB: Birinchidan, matbuot juda kuchli siyosiy qurol. Buni yakkahokimlar, zulm peshvolari yaxshi biladilar. Chunki erkin matbuot uxlayotgan tafakkurni uyg’otib qo’yadi va bu zulmning emrilishiga olib keladi. Karimov rejimi matbuotga erkinlik berishni o’z bo’g’ziga pichoq tortish bilan barobar deb bilishadi.

Ba’zilar o’zbek matbuotida yozilganlarni har qancha yolg’on deganlari bilan avomning aksar qismi ana shu yolg’onga ishonadi. Karimov rejimiga esa shu kerak. O’z fikrini avomga singdirish uchun matbuot uning qo’lidagi quroldir va rejim yiqilmaguncha qo’lidagi bu qurol tushmasligini 1990 yilda Oliy Majlisning minbaridan ham aytgandim.

Ikkinchidan, jurnalistlarni yoppasiga ayblay olmayman. Qamoq kamerasidagi odamdan qanday qilib uzoq masofaga yugurishni talab qilasiz? U yugurgani bilan bir joyda aylanishdan boshqa imkoniyati yo’q. Agar ozgina erkinlik bo’lsa, u xalqning dilidagini minbarlarga olib chiqadi.

Ammo hamma sohada bo’lgani kabi jurnalistlar orasida ham jasoratsiz, loqayd, manfaatparast bo’lganlari topiladi. Ulardan bir narsa talab qilish quduqdan oltin izlashdek gap. Meni ko’proq ranjitadigani qo’lida imkoniyatlari bo’lgani holda buni ishga solmay rejimga qul bo’lgan jurnalistlardir. Sovet davridagi qatag’onlarga qaramasdan ba’zi jurnalistlar har bir imkoniyatni ishga solishga urinar edilar. Lekin Karimov davrida bu ham yo’q bo’ldi, to’g’rirog’i yo’q qilindi.

Nuriddin Akramovich

SAVOL: Muhiddinov haqida biror narsa bilasizmi?(Solijon).

JAVOB: Bu odam haqida afsonaviy bir gap eshitgan edim. Uni “Ikkinchi Kirov” deb atashgan ekan. U KPSS Markaziy komiteti kotibi sifatida Leningradga borganda rus tilida juda yaxshi so’zlashi va qo’lini o’ynatib gapirishi hamda boshqa harakatlari bilan odamlarga Kirovni eslatgan ekan. Unga juda katta olqish ko’rsatilgan va bu Moskvadagilarga yoqmagan degan bir mish-mish bor edi.

1991 yil televideniega rahbar bo’lib kelishim bilan, Karimov va Mirsaidov orasidagi ziddiyatdan kelib chiqqan holda o’zbek rahbarlari orasida bir-birining tagiga “suv quyish”dek bir illat, bir kasallikning ildizlari haqida ko’rsatuv qilmoqchi bo’ldim. Muhiddinovni taklif qildim. Bajonidil qabul qildi. Keldi. Yuzi samimiyatga to’la, tabassum qilib turuvchi bir odam ekan. Savol-javobni o’zim qildim. Savollarim Mirsaidov va Karimov atrofida aylangach u kishining labi titray boshladi. Bir payt yuziga ter sizdi va rangi oqardi. “Mazzam bo’lmayapti” dedi. Suhbatni yakunladim va o’zim u kishini uyiga qadar kuzatib qo’ydim. Oloy bozorining orqasida, juda katta hovlida yashar ekan.

-Bu hovlini hukumat bergan,-dedi va qo’shimcha qildi.-Mening iznim bo’lmasdan efirga bermang. Men keksayib qolgan odamman. Ertaga JEK (Uy-joy boshqaruv idorasi-JM)dan kelib meni chiqarib yuborishsa, qarigan chog’imda qaerga boraman. Shunday ham meni Mirsaidov tomonidagi odam deb, hovlini o’lchab ketishdi…

Uning samimiy e’tirofiga quloq solib, ruxsati bo’lmaguncha suhbatni saqlab qo’yishga va’da berdim. O’sha paytda undan xafa bo’lmadim. Chunki haqiqatdan ham yomon vaziyatga tushishi mumkin edi-da.

Ammo ertasiga to’polon boshlanib ketdi. U Karimovning idorasiga borib, “Meni aldab chaqirdi, bo’lmag’ur savollar bilan jig’imga tegdi. Kasal bo’lib qoldim” deb shikoyat qilibdi.

Men ko’p o’tmay televidenieni tashlab ketganimdan keyin bir kuni uning boshqa suhbatini e’lon qilishdi. U faqat Karimovni ulug’lagan va bunday rahbarni “Xudo bergani” haqida gapirdi. Keyin Nuriddin Akramovichga bir vazifa ham berishdi. Kitobi ham e’lon qilindi…

Chalg’ituvchilar

SAVOL: Internetdagi “Ozod dehqonlar” partiyasidan Nigora Hidoyatovaning Karimovga ochiq xatini o’qidim. U Karimovga “Katta avlod sizni oddiy, xalqchil, aqlli, ishchan, printsipial sifatida bilardi. Biz yoshlar sizga mustaqillik yillarida qahramonlik bilan birlikni saqlab qolganingiz, dindorlarni hukumatga yaqinlashtirmaganingiz uchun ovoz bergandik” degan. Bu shundaymi? (Zafar).

JAVOB: Agar Nigora Hidoyatova muxolifatchilikni da’vo qilmaganda, nima bo’libdi, deb qo’yish mumkin edi. Lekin…  Har holda Nigora Hidoyatova siyosatga adashib kirib qolgan yoki kimningdir doirasiga o’ynayotgan chalasavod “siyosatchi” bo’lishi mumkin. Uning ilgari ham ana shunday bilib-bilmay “xol” qo’yishlarini kuzatganim bor. Aks taqdirda u bunday jumlalarni yozishdan oldin, agar mustaqillik yillaridan bexabar bo’lsa,  ustozi Bobir Malikovdan o’sha yillarda Karimov qanday “qahramonlik” ko’rsatganini so’rab olgan bo’lardi?!

Qolaversa, Karimovning “oddiyligi”, “xalqchilligi”, “aqlliligi”, “ishchanligi” va “printsipialligi” haqida kaminaning “Quvg’in” romanini o’qib chiqsa, bilib olardi. Darvoqe, o’zbek tilini ham durust bilmaydi deyishadi, shuning uchun bu ham befoyda taklif.

Yaxshisi, tarixni buzishga xizmat qilayotgan bunday “tarixchi”larga Bobir Malikovdan javob kutsak mantiqli bo’ladi. Malikov Karimov va rejimi haqida 10 yillik sukunatini buzib, bir narsa  yozsa,  men bajonidil  veb-sahifamda e’lon qilishim mumkin. Bu uning qattol rejimga qarshi kurashda chindan ham maydonda bor ekanligini isbot etadi va o’shanda u Nigora Hidoyatova kabilarning bugungi avlodni chalg’itishlariga yo’l bermagan bo’ladi.

Xalqqa Xudo rahm qilsin!

SAVOL: Tasavvur qiling, agar Karimov o’z o’rniga qizini qo’ysa nima bo’ladi? (Botir).

JAVOB: Buni tasavvur qilishni istamayman. Lekin hayotda hamma narsa bo’lishi mumkin. Agar falakning charxi teskari aylanib shunday voqea yuz bersa, yana bir kushanda, tarix qotili paydo bo’ladi.

Gap shundaki, ruslar istilosi ostida xalq Turon g’oyasidan ayrildi. Ruslarning bu qotilligi shu qadar ayanchliki endi Turon  hatto g’oya sifatida ham tilga olinmayotir.

Karimovning istilosi ostida Turkiston orzusi o’ldirildi. “Turkiston umumiy uyimiz” degan shior bilan  chegaralarga simto’r tortildi va mina to’shaldi. Turkiston birligi uchun yuzaga kelgan tarixiy fursat o’ldirildi. Karimov Turkistonni “Turkiston” pichog’i bilan so’ydi.

Agar Karimov o’rniga o’zi ham, ko’zi ham to’ymas qizini qo’yadigan bo’lsa u endi O’zbekistonni o’ldiradi.

Shuni istasangiz, Karimovdan keyin qizi keladi, deb tasavvur qilishingiz va qo’l qovushtirib o’tirishingiz mumkin, ammo bunday voqea u yoqda tursin, hatto bunday tasavvurni ham istamayman.

Latifadan ham qo’rqishadi

SAVOL: Aytingchi, latifa va fikrlaringiz uchun sizga qandaydir tazyiqlar bo’lganmi? Umuman siz bundan xavfsiraysizmi? (Azizbek).

JAVOB: “ERK” gazetasi xodimlari ustidan ish qo’zg’atilganda Ibrohim Haqqul ishdan ketgan va men gazetaga bosh muharrir etib saylangan edim. O’shanda Karimovning latifadan farq qilmaydigan hayoti, “g’alvirda turmaydigan” gaplari haqida bir kitob yozgan va qo’lyozmani “ERK” partiyasi kotibi, universitetda birga tahsil olganim jurnalist va shoira Dilorom Isoqovaga o’qib, fikrini aytishga bergan edim U  qo’lyozmaga ba’zi tuzatishlar kiritib, o’ziga yoqqanini aytib 1993 yilning yanvar oyi oxirlarida menga qaytib bergandan keyin, esdan chiqarib, ish xonamda qoldiribman. Ertasiga partiya binosida “Milliy Majlis” masalasi bilan aloqali tintuv o’tkazishdi. Shunda qo’lyozmam yo’qolib qoldi.

Oradan ko’p o’tmay, 7 fevral kuni hukumatning  “ERK” gazetasi faoliyatini to’xtatish haqidagi qarori chiqdi. Menga va oilamga qarshi qatag’on boshlatildi. Shundan bildimki, o’shanda qo’lyozmamni Karimovning malaylari o’g’irlab ketishgan. Karimov o’qib chiqdi deya xursand bo’lgandim. Ta’siri bo’lishi mumkin deb o’ylagan edim-da! Bu faqat bir misol. Bunday misollar ko’p.

Karimovning ham, boshqalarning ham kamchiligini yuziga aytganman va shu yo’limdan qaytganim yo’q. Bugunga qadar ham fikrimni yashirmasdan aytaman, yozaman. Birovning yuziga tirjayib, orqasidan so’kadiganlardan bo’lmaganim uchun hatto meni yaxshi taniganlar ham, shu xarakterimni bilganlar ham baribir, xafa bo’ladilar. Do’st achitib aytadi, deymiz-u lekin o’sha do’stni dushman deb bilamiz. Bu ham ko’plarning hali etisha olmagan manzili.

Bir marta qo’rquvni engib, erkin so’z aytishning qudratini his etsangiz hech narsadan cho’chimaydigan bo’lasiz.

Fikrni erkin ayta olish – eng katta boylik.

Noaniqlik

SAVOL: Karimovning o’zi yana qancha vaqt taxtda o’tirishni o’ylamoqda, deb hisoblaysiz? (Nozim).

JAVOB: Folbin emasman. Lekin u taxtda o’tirgan qisqa vaqt ham uzoq vaqtdir. Uning uzoq vaqt rahbarlik qilishi esa tobora aniqqa o’xshab qolmoqda.

Muxolifat va… AQSh

SAVOL: -O’zbek muxolifati yaqin orada birlashib, haqiqiy demokratiya uchun kurashga jiddiy kirishadilar, deb o’ylaysizmi?

-Karimovning diktatorlik rejimi sezilar-sezilmas chirib borayotgani tobora aniqlashib boryapti. Karimovdan keyin taxt tepasiga kimning kelish ehtimoli kuchliroq?

-Bo’lajak prezidentlik saylovlari chog’ida ovoz miqdorini soxtalashtirish hollari kuzatilishi mumkinmi?

-O’zbekiston-AQSh munosabatlariga keyingi paytlarda biroz sovuqchilik tushdi, deb o’ylaysizmi? (Muhiddin).

JAVOB: Yaqin orada o’zbek muxolifati birlashib kurashga kirishiga ishonmayman. Chunki muxolifatning siyosiy kuch sifatida  mag’lub bo’lishiga omil bo’lgan sabablardan biri uning Karimov rejimi qarshisida birlasha olmaganidir. Bugun muxoliflar ko’p, ammo muxolifat yo’q. O’zini muxolifat deb atayotgan guruhlarning ham bayroqbardorlari chetda va o’zaro janjallashib yuribdilar.

Karimovdan keyin taxt tepasiga kimning kelishi haqida quyidagi maqolalarimni  “Karimovdan keyin kim prezident bo’ladi?  va “Prezident…Mirziyoev”ni o’qib chiqishingiz mumkin.

Saylov masalasida… O’zbekiston tarixida ilk bor 1990 yildagi parlament saylovida qisman soxtalashtirish bo’lmadi. Undan keyin bugunga qadar saylov emas, siylov bo’lmoqda. Menimcha keyingi prezident saylovi ham xalqning aytganini emas, Karimovning istagini ifoda etadi.

Bugunga qadar O’zbekistonda prezidentlik saylovlari erkin va adolatli bo’lmadi. Bir qator xalqaro hujjatlarda va AQSh Davlat departamentining hisobotlarida bu narsa aniq ko’rsatilgan hamda g’ayridemokratik usul misoli sifatida tarix sahifalariga kiritilgan.

Yaqinda AQShga kelgan bir deputat – mulozim, eski tanishlardan birining aytishicha, parlament “siylovi”da allaqachon kimlarning deputat va kimlarning senator bo’lishi aniqlab qo’yilgan. Hatto u  “Faqat senatorlikka uchta o’rin bo’sh  qolgan.  Agar “Katta”ni maqtab bir maqola chiqarsangiz, sizni chaqiramiz” degan gapni ham aytdi, lekin men bugun Karimovni maqtab yozib, haqiqatning yuziga chiziq torta olmasligimni tushuntirgan bo’ldim.

O’zbekiston-AQSh munosabatlari… keyingi paytda O’zbekiston-AQSh munosabatlariga biroz emas, anchagina sovuqlik tushdi. Lekin AQSh buni shu kecha kunduzda ko’z-ko’z etishdan manfaatdor emas. Ilgaridan ham ko’rinmas sovuqlik bor edi. AQSh prezidenti 2001 yil voqealaridan keyin barcha ittifoqdoshlarini bir necha martadan mehmonga taklif qilgani holda Islom Karimovni Oq uyga chaqirmasdan, u  bilan uzoqdan gaplashib kelgani ham buning bir misolidir.

Olti oyda “brak”

SAVOL: Samarqand viloyat hokimi nima uchun buncha tez ishdan olindi, bu haqda xabaringiz bormi? (Nuriddin).

JAVOB: Ma’lumki, 2004 yilning 9 iyul kuni Islom Karimov Samarqandga bordi va viloyat xalq deputatlarining navbatdan tashqari chaqirilgan sessiyasida hokim Rustam Xolmurodovni avval qora balchiqqa “botirib olib”, keyin ishdan bo’shatdi. Masalaning diqqat tortgan ikki nuqtasi bor:

Birinchidan, rektordan chiqqan bu hokim tayinlanganiga hali yetti oy to’lgan emas. U 2003 yilning 16 dekabrida “saylangan-tayinlangan edi”. Olti oyda hali u tumanlar, xo’jaliklarga borib kelishni, viloyat bilan tanishib chiqishni bitirmagan bir vaziyatda bo’ladi. Shu bois ham bu O’zbekiston kadrlar siyosatining astar-avrasini ag’darib ko’rsatadigan favqulodda bir hol.

Ikkinchidan, ba’zilar buni Ishtixon, Oqdaryo, Jomboy tumanlarida aholining noroziligi oshgani bilan bog’lamoqdalar. Unday emas. Unday bo’lganda xalqning ohini eshitgan prezidentga rahmat aytish kerak bo’ladi va u deyarli barcha hokimlarni ishdan bo’shatishi zarur edi. Hatto o’shanday bo’lganda ham hali hokimlikka kelganiga endi olti oy to’lgan rahbarga bunday ayb qo’yilishi kadrlar siyosatining mutloq inqirozini ko’rsatdi. Agar prezidentning o’zi tanlab-tayinlagan va saylatgan bir rahbar olti oyda “brak” bo’lsa, buning uchun tabiiyki, birinchi galda uning o’zi aybdor!

Borimiz shu!

SAVOL: Sobiq mufti Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf Toshkentga borgan “Amerika ovozi”ning muxbiri Liza McAdamsga bergan intervyusida, bu suhbat “www.centrasia.ru saytida ham bosilib chiqidi, inson huquqlari borasida oz bo’lsada ammo tubdan o’zgarishlar bo’lmoqda degan. Bu haqiqatning yuziga tupurish emasmi? (Dilmurod).

JAVOB: Rivoyat qilishlaricha, Amir Temur huzuriga ulamolar kelganda u oltin solingan xaltachasini qo’liga olib, tangalarni jiringlatib qo’yar ekan. Shundan keyin ulamolar uni maqtay boshlar ekanlar. Ammo Amir ularga oltinlarni bermas ekan. Bir kuni maslahatchisi Mirsaid Baraka “Ulamolar ranjib qolmoqdalar” degan ekan,  Amir “Nega ranjiydilar, men ularning haqlariga xiyonat qilganim yo’q, hatto oldindan berib qo’yayapman. Bo’pti bundan keyin biroz ko’proq jiringlatib qo’yaman. Aslida ular xizmatlariga yarasha olmoqdalar” degan ekan.

O’zbekistonda ham har saylov oldidan shunday holni kuzatasiz. Ota-bobolarimiz bekordan-bekorga “Putur ketsa, avval shayxdan ketadi” degan emaslar.  Ba’zi shayxlar, mullalar, ulamolar ana shunday bo’lganlari bois musulmon dunyosi 14 asrdan beri zulm, yakkahokimlik, diktatura maskani bo’lib qolmoqda.

Aslida adolatni, haqni aytishgina emas, qattiq turib himoya qilishi  kerak bo’lgan ulamolar “tanganing tovushi”ni eshitib, ikki yuzlamachilik qilib kelayotganlarini ko’pchilik biladi.

Bu hayot. Kimdir o’z e’tiqodiga qarshi ish qilib qo’yadi. Kimdir o’z aytganlariga qarshi chiqadi. Yana kimdir aytgani boshqa, qilgani boshqa bo’ladi va hokazo. Yillardir “Ozodlik” radiosi orqali inson huquqlari borasida va’z aytib kelgan sobiq mufti birdaniga O’zbekistonda inson huquqlari borasida tubdan o’zgarishlar bor desa, bu uning vijdoniga havola. Ammo uning javobini mazkur suhbatning davomida Xalqaro inson huquqlari tashkilotining vakil Allison Gill berib qo’ygan.

G’arbdan borib O’zbekistonda inson huquqlari uchun kurashayotgan bu ayol amnistiya bilan qamoqdan chiqqanlarni yana qamashayotganlari, bu bir aylanadigan eshikni eslatishini, bu yoqdan qo’yib yuborib, u yoqdan qayta ushlab kelishlarini  baralla, dalillar bilan aytib turganda o’zimizdan  chiqqan ulamo aksini iddao etsa, ajablanadigan joyi yo’q. Borimiz shu!

Qullikka yo’l

SAVOL: -Rossiya – O’zbekiston siyosiy munosabatlarining bunchalik “tub” burilishga yuz tutishi ko’pchilikni hayratlantirmasa kerak.Chunki Gulnora Karimova va Mansur Maqsudiy bilan bog’liq  so’nggi 2-3 yildagi ma’lumotlarni kuzatib borayotgan ko’pchilik ana shunday xulosa qiladi. Lekin buning zamirida yana nimalar yotibdi?

-Strategik hamkorlik, investitsiya (gaz, neft va boshqa sohalardagi) borasidagi shartnomalardan tomonlar qanday siyosiy (va shaxsiy-masalan Karimov uchun) manfaatlarni ko’zlagan? AQSh ning siyosiy doiralarida bunga munosabat qanday? Yoki bu Putin va Karimovning AQSh ga “o’yini” mi?

Shular borasida  xulosaviy javobingizni kutib qolaman, (Zokir).

JAVOB: Hali Gulnora va Mansur mojarosi o’rtaga chiqmagan paytda ham O’zbekiston-Rossiya munosabatlarida ana shunday “tub” burilishlar tez-tez ko’zga tashlanib turar edi va shu bois bu safargisi ham oldingilaridan farq qilmaydi. Ertaga  Karimov Rossiya rahbarining kuchsizligini his qilib qolsa, darhol undan yuz o’girib boshqaning pinjiga kirishi ham mumkin.  Ya’ni masala Karimov kuchni tan olishi, kuchdan xavfsirashidadir.

Rossiyada saylov o’tib prezident Putin mavqesini mustahkamlab olgani va AQShda saylov kampaniyasi davom etib, balki demokratlar hokimiyatga kelishi mumkin degan taxminlar paydo bo’lgani bu yerda katta rol o’ynagan bo’lishi kerak. Ilgari ham xuddi ana shunday paytlarda Karimov qayiq almashtirar edi. Faqat bu safar Putin pishiqlik qilib, Karimovdan quruq va’dalar emas, balki qo’l qo’yilgan hujjatlar oldi. Shu sababdan ham bu safargi burilishning asorati  qattiq bo’lishi mumkin.

Iqtisodiy shartnomalar Rossiya uchun siyosiy maqsadlarda kerak. Rossiya atrofidagilarni iqtisodiy yo’l bilan qaram qilishga urinmoqda. Bu borada O’zbekistonni o’z tuzog’iga ilintirdi hisob. Buni yaqin orada O’zbekistonning aviasozlik va gazni qayta  ishlab chiqarish kabi yirik korxonalari Rossiyaning qaramiga aylanish xavfi paydo bo’lgani bilan izohlash mumkin. O’zbek xalqi ham ruslarning quliga aylanib ketmasa bo’lgani!

Zarpechak

SAVOL: Diktaturaning ildizlari nimaga bog’liq deb o’ylaysiz? (Abduhakim).

JAVOB: Diktatura ildizlari har bir xalqning madaniyati, an’analari va dini bilan bog’liqdir.

Agar oilada bolani odam deb hisoblashmasa, uni fikr yuritish qobiliyatidan yiroq  deb kamsitish normal hol bo’lsa yoki tarbiyaning muhim qismi hisoblansa, bu tabiiyki uning rivojlanishiga , kamol topishiga emas, balki ezilishiga, nobarkamol bo’lishiga olib boradi.

Agar oilada otaning aytgani aytgan, degani degan, bo’lsa va boshqalarning fikr qarashlariga qo’l siltash odat bo’lsa, bu oilada erkinlik, hurlik emas, balki qullik, itoatgo’ylik ildiz otadi.

Lekin biz buni “tarbiya” deb aytamiz, an’ana, urf-odat deb baholaymiz va qadrlaymiz.

Yashiradigan joyi yo’q, bizda bolalarga “Otangga qarshi gapirma”, “O’zingdan kattaga qarshi chiqma”, ‘Oqsoqolning aytgani to’g’ri”, “Raisning, rahbarning degani degan” qabilida tarbiya beriladi. Vaholanki raisning aqli sariq chaqaga ham arzimasligi va u qaysi bir qarindoshi yoki pora evaziga rahbar bo’lgan bo’lishi mumkin. Xuddi shunday ota o’qimagan, bolasi esa kitobxonadan chiqmagan bo’lishi ham mumkin. Lekin buning ahamiyati yo’q, deb bilamiz. Ko’p ko’ylak yirtgan ko’p narsa biladi degan aqidamiz bor.

Biz tarix haqida gapirishni yaxshi ko’ramiz. Ammo butun tariximiz diktaturadan iborat bo’lganini esa aytmaymiz.

E, tarixga qarshi gapirish mumkin-mi? Bu tarbiyasizlik bo’ladi. Garchi tarix xuddi bugungi O’zbekistonda bo’lgani kabi ilgari sultonlar, podsholar, amirlar tomonidan yozdirilgan bo’lsa-da!

Dinimiz qoidalari oddiy odamlarga emas, amaldorga qarab sharhlangani va aksariyat tafsirlar sultonlar, podsholar va amirlarning mayliga qarab yozilganini, xuddi bugungi O’zbekistonda bo’lgani kabi ilgari ham ulamolar sultonlar, podsholar, amirlarning oyoqlarini yalaganlarini gapirishni tarbiyasizlik deb ataymiz.

Bilasizmi, nega  xalqchilroq bir kishi rahbar bo’lsa uni “latta” deymiz, qattiqqo’l rahbar istaymiz? Chunki bolalikdan mushtga, kaltak eyishga, to’g’rimi noto’g’rimi kattalarning aytganini qilishga o’rganganmiz.

Ko’rdingizmi, diktatura ildizlari juda chuqur va ularni sug’urib otish oson emas. Bu ildizlar chirmovuqdek, ajriqdek hammayoqni o’rab olgan. Bugungi rejim esa ana shu ildizga suv quyishgina emas, uni vujudning boshqa joylariga ham ko’chirishga, ongni ana shu ildizlar chirmovug’i bilan zarpechakdek o’rab tashlashga xizmat qilmoqda.

Tavqi la’nat

SAVOL: Bugungi kunda odamlarning O’zbekistondan chiqib ketayotganlari sizningcha yomonmi yoki yaxshimi? (O’tkir).

JAVOB: 1980 yillarda AQShga safar qilgan shoir Omon Matjon qaytgandan so’ng yozgan turkum she’rlaridan birida “Tekshir oldi-ortidan, hali Amerika deb biror o’zbek kechgan emas yurtidan” deb yozgandi. Lekin bugun yo’lini topa olsa Omon Matchonning o’zi Amerikaga keladi.

Aslida shoirning o’zbeklar haqidagi iddaosi bejiz emas. Turk xalqi kelib chiqishi e’tibori ila ko’chman bo’lgan va  muqim joyda yashashga ko’nikkan bir bo’lagi o’zbekdir. 7-10 asrdan keyin turk bo’ylari, jumladan, o’zbeklar 15-16 asrdan so’ng ko’chmanchi emas, balki zaminga, hovliga, oilaga bog’lanib qolganlar. Shu bois ham vatan degandanda ilk bor hovlisini, qishlog’ini, kindik qoni oqqan joyni, sog’inch deganda ota-onasini tushunadi bu xalq. Bu genetik bir holga aylanib qolgandi va bu genoxazina keyingi yillarda buzildi. Nega?

Inson birinchi galda o’zi tirik qolishga, ikkinchi galda yaqinlarini tirik saqlashga va uchinchi galda g’urur, nafsoniyatini qutqarishga  urinadi. Ana shu uch omil keyingi yillarda o’zbeklarni O’zbekistonni tashlab ketishga undamoqda.

Ming-ming misoldan faqat bittasi: Yaqinda Anqaraga kelib qolgan Oysara ismli ayoldan elektron xat oldim. Tarix tili o’qituvchisi ekan, Erk partiyasi faoliyatiga aralashgansan, deya zug’umga uchrabdi va uch qizi bilan O’zbekistondan chiqib ketibdi. U BMTning qochqinlar komissarligiga boshpana uchun murojaat qilibdi va rad javobini olibdi.

Uning elektron adresiga javob yozib ulgurmasimdan,  Aziza ismli qizidan xat keldi: “Oyimlarni vizang yo’q deb qamab qo’yishdi, yordam beringlar!” degan nido edi. Turadigan joyi noma’lum, telefoni yo’q..

Turkiya Ichki Ishlar vazirligiga telefon qilganimizda bunday ayol ushlanmaganini aytishdi. BMT rad etgan bo’lsa, Xalqaro tashkilotlar talabini Turkiya kabi davlatlarning hukumatlari mensimasa, bunday bechoralarga kim yordam bera oladi? Kimning qo’lidan nima keladi? Bu endi boshqa mavzu.

Umuman bunday  dahshatli  voqealar juda ko’payib ketdi. Birgina Amerikada har kuni  o’nlab ana shunday turli yo’llar bilan kelib qolganlarning sud jarayonlari bo’layotganini, dunyoning turli mamlakatlarida minglab o’zbeklar xor-zor yurganini eshitamiz. Ba’zan Dehlida, gohida Koreyada, tez-tez Arab Amirliklarida, nogoh Gurjiston yoki Rossiyada o’zbek ayollari fahsh yo’llariga sudralgani uchun qo’lga tushganlari haqidagi xabarlarni o’qiymiz. Bu endi masalaning fojea qismi.

Masalaning yana bir jihati shuki, ba’zi norasmiy ma’lumotlarga qaraganda O’zbekistondaga har o’n oiladan ikkitasi chetda ishlayotgan vakilining hisobiga tirik qolmoqda. Rejimning omadini qarang!

Har qanday yomonlik orasida yaxshilik uchqunlari ham bo’ladi, deganlaridek, uchinchi, zarradek ijobiy tomoni esa turli sabablar bilan chiqib ketgan yoshlar chet ellarda o’z yo’llarini topib, o’qishga o’rnashib olganlaridir. Ular dunyoni ko’rib, erkinlik nima ekanligini anglab, kelajakda vatanga xizmat qiladigan oltin xazinaga aylandilar. Bugun O’zbekiston hukumati chet ellarda o’qigan yoshlardan cho’chimoqda, lekin kelajak ularning yo’liga va qo’liga qarab qoladi.

Umuman olganda esa mustaqillikdan keyin rejimning aybi bilan O’zbekistonning yuziga tushgan qora dog’lardan biri bu odamlarning o’z go’shalarini tark etishga majbur bo’lganlaridir.

Chegaralar yopib tashlangani, viza olish og’irlashtirilgani, ketganlarning yaqinlari qatag’onga uchraganiga qaramay odamlar yo’lini topib bu mamlakatni tashlab ketayotgan ekan-mi, bu mazkur rejim uchun tavqi la’natdir.

Tuflisini yaltiratmang!

SAVOL: Diktaturaga qarshi bugun kim ham nima qila olar edi?(Adham).

JAVOB: Juda o’rinli savol. Yodimga armanilarning Dashnoq partiyasi tomonidan 1898 yilda yozilgan va har bir armani uchun deya tarqatilgan bir qo’llanmasida, “Dushmanga qarshi (o’sha paytda ruslar va turklar nazarda tutilgan) sendan qurol bilan chiqishing talab etilmaydi, agar poyafzal tozalovchisi bo’lsang dushmanning tuflisini yaltiratib qo’ymasang, shu sening katta ulushing”, degan tavsiyasi tushdi.

Bugun O’zbekistonda demokratiya o’rnatilishi uchun kim nima qila oladi?

Shoirning quroli u yozgan she’ri, uning so’zidir. Bu so’z maddohlikdan emas, adolatdan yona bo’lsa bas!

Olimning quroli u yaratgan yangilik, uning ibratidir. Bu ibrat tilyog’lamalikdan iborat emas, haqni aytishdan iborat bo’lsa etadi!

Muallimning quroli u tarqatadigan ziyo.  Uning ziyosi haqiqatning tomiridan suv ichgan bo’lsa koshki!

Tolibning quroli uning kitobi, u bu kitobni ko’r-ko’rona emas, tanqidiy nazar bilan o’rgansa qaniydi!

Yoshlarning quroli ularning yuraklaridagi jasorat, bu jasorat qo’rquvdan yona bo’lmasa bas!…

Va hokazo, barcha sohadagilarga ana shunday ko’z bilan qaramoq kerak.

Xo’sh ishni nimadan boshlash kerak? O’zingizga savol berishdan?  Xo’p, ana u shoir yoki adib yoxud siyosatdon haqni aytmoqda ana ular esa haqni ko’mmoqdalar? Men shuni sezib turibmanu nega tan olmayapman, degan savolga javob berishdan boshlamoq kerak. Sodda qilib aytsak, har bir kishi birinchi galda o’ziga baho berishi, o’zining nima qila olishini belgilashi lozim.

Nega diktatorlar haq so’zga qarshi ayovsiz kurashadilar. Chunki dunyodagi eng kuchli qurollardan biri haq so’zdir. Bugun diktaturaga qarshi chin so’zingiz bilan kurashmoqdan ortiq jasorat bormi? Chin so’z, adolatdan yona bo’lgan so’z so’qir qalblarga nish bo’lib uriladi, yolg’on bilan to’lgan dillarga irmoq ochadi. Mana, qilishingiz mumkin bo’lgan naqadar qudratli ish bor!

Ogohlikka da’vat

SAVOL: Yozganlaringizni MXX, IIV va Prokuratura, sud idoralarida ishlayotganlarning kattalari o’qishiga ishonaman.  Bu jallod va qotillarni jinoyatdan tiyilishlari uchun  o’z so’zingizni aytishingizni so’rayman. Bu ularga bir ogohlantirish bo’lib qolishi uchun ham shunday qilmaysizmi?(Bobomurod)

JAVOB: Birinchidan, bu idoralarda ishlayotganlarning hammasini jallodlar, qotillar deyishga qo’shilmayman, ularning orasida ham yaxshi odamlar bor.

Ikkinchidan, ularga nima degan bo’lardim?

Bugun zamon oldingi paytlarga aslo o’xshamaydi. Sovet davrida hammayoq yopiq edi va qora qilmishlarning aksariyati yopiqli qozon ostida qolgandi. Ammo bugun oyni etak bilan yopib bo’lmaydigan davr.

O’zbekiston ichida Karimovning siyosati har qancha maqtalmasin butun dunyoda uning yo’li, uning siyosati noto’g’ri ekanligi baralla aytilmoqda, hatto uning do’stlari ham uni inson huquqlarining poymolchisi, diktator deb atamoqdalar. Bu esa uning davridagi qora qilmishlar yopiqli qozon ostida qolmagani, butun dunyo xabardor bo’lganining natijasidir.

Bu rejimning zavoli aniq. Uning ertasi yo’q. Unga suyanmoq tagini suv olib ketgan va qulayotgan devorga suyanmoqdir. Jallodlik, qotillik, bechoralar haqiga xiyonat, onalarni zor qaqshatish, otalarni xo’rlash, bolalarni chinqiratish, adolatning yuziga tupurish bilan bu devorning ostida qolasiz. Bunday qilmishlar bugunning o’zida, bo’lmasa ertaga  mutloq oshkor bo’ladi.

Shu sababdan yaxshilik qilish uchun hali kech emas. Bu idoralarda ishlayotganlar begunoh odamning hayotini qutqarish, aybsiz “aybdor”ga yordam berish, odamlara tuhmat, bo’hton qilmaslik, ularning hayotlariga chang solmaslik, inson bolalarini qiynoqqa duchor etmaslik bilan ularga ulkan yaxshilik qilgan bo’ladilar.

Bugun Internet asri. Axborot kengligi asri. Har biringizning qilmishingiz Internet tarixiga ko’chmoqda. Ertaga bolangiz, nevarangizga maqtanib “Men mana bu ordenlar va unvonlarni olganman”, deya gerdaya olmaysiz. Chunki ularning do’stlari, tanishlari sizning ismingizni Internetga yozib qilmishlaringizni darhol o’rganadilar. Ulardan oldin esa bolalaringiz va nevaralaringiz voqif bo’ladilar. Ana o’shanda ularning ko’zlariga qarab o’zingizni qanday oqlaysiz?

O’tgan zamondagilar “Biz bilmay qolgan ekanmiz, haqiqat shu deb o’ylabmiz” deya qutulishgan edi. Lekin bugun haqiqatni butun dunyo aytib turibdi, butun dunyo matbuoti Karimovning siyosati aksilinsoniy demoqda va bu gapni har kuni takrorlamoqda. Shunday ekan, o’z avlodingizga bahona topib bera olasizmi? Yo’q!

Shu bois ham bugun ko’zni ochib, do’ppini olib qo’yib qanday yaxshilik qilishim mumkin deb o’ylang. Hech bo’lmasa qattol siyosat uchun odamlarga yomonlik qilmang. Shuning o’zi sizning haqiqiy qahramonligingiz bo’ladi. Ertaga bolalaringiz, avlodlaringiz ko’ziga tik qaray olish va ularning hurmatini qozonish imkonini beradi.

Bugun siz Internetni yopib qo’yibmiz, kim ham o’qiydi deb o’zingizni aldamoqdasiz. Bugun  bir necha million o’zbek mamlakatdan tashqarida va  ularning aksariyati yoshlar. Ular haqiqat nimaligini ajratib olmoqdalar. Qora qilmish qilganlarning nomlarini birma-bir tarixga yozmoqdalar va bular ertaga sizga tavqi la’nat bo’lishini unutmang! Boshqalar uchun emas, o’zingiz uchun, bolalaringiz va nevaralaringiz uchun yaxshilik qilishga shoshiling!

Shunday deymanu lekin quloq solgan kim?

Zulmat

SAVOL: O’zbekistonda mustaqillikdan keyin ba’zi insonlar fikri bilan aytganda ulamolar yo’q bo’lishi yoki izsiz yo’qolishi haqida qanaqa ma’lumotlarga egasiz? Ularni taqdiri qanaqa? Tashakkur.(Yorqin).

JAVOB: O’zbekiston hukumati mustaqillikdan keyin istagan odamini qamamoqda, istagan odamini o’ldirmoqda. Bu ishni ochiq qilib kelayotganini dunyo jamoatchiligi ham biladi.

Shunday ekan, ba’zi ulamolarni o’g’irlab ketishdan maqsad nima? Menimcha, dastlabki paytlarda hukumat ularni ochiq o’ldirib yuborishdan qo’rqqan. G’alayon bo’lib ketishi mumkin deb o’ylagan. Masalan, Abdulla O’taev, Abduvali qori misolida.

Ularning taqdirlari masalasiga kelsak, bugun sizga noma’lum bo’lgandek menga ham bu masala qorong’u. Ammo nima bo’lganda ham bu masala ustidagi parda bir kun kelib ochiladi.O’shanda bu haqda yanada batafsilroq gapirishning imkoni paydo bo’ladi.

Fikran birgamiz

SAVOL: Men Avropadan sizga xat yozmoqdaman! Bu erga kelib saytingizni o’qishga muyassar bo’ldim! To’g’risi, ko’p narsa o’rgandim! Va o’rganmoqdaman! …Men ayni 12-13 yoshligimda (bu davr 1991-92 yillarga to’g’ri keladi) hayotni endi taniyotganimda, o’sha paytdagi MATBUOTning kuchidan to’g’risi to’lqinlanib ketganman! Men o’sha payti Jurnalist kasbiga chin dildan havas qo’ygandim! Hayot qiyinchiliklariga qaramay men yo’limdan qaytmadim. Nihoyat orzuimdagi bo’limga o’qishga kirdim! Lekin, afsuslar bo’lsinki, men bu yerdagi ta’limdan qoniqmadim. Ta’lim berolmasliklari ustiga, maddohlar ba’zi erkin fikrlovchi yoshlarning og’zini yopishga harakat qilardilar! Sho’rlik o’zbekning sho’ri bor ekan! O’zi saylab qo’ygan yurtboshi noqobil chiqsa, xohlagan ishini qilsa, xalqni aldasa…bir og’iz bir narsa demaydi-ya! Jurnalist bechoralar yurishibdi. Yozgan kichkina maqolasi uchun ham soliq to’lab. Biz kabi isyonkor yoshlar juda ko’plab topiladi. Oldimizda sizdek zabardast USTOZlarimiz, albatta, bo’lishi lozim! Turkcha bir qo’shiqda eshitganman: “Ne bu duzen boyle kalýr” Inshoolloh, o’zgartiramiz! Faqat harakat…harakat…. Va aqlli tadbirdir. Shunga nima deysiz? Agar mening bu xatimga o’z munosabatingizni bildirsangiz, juda xursand bo’lardim! (Olimjon).

JAVOB: Bilasizmi, uch kun O’zbekiston televidenielari va radiolaridan tortib hukumat kazo-kazolariga qadar shovqin-suron qilishdi: shaxmat bo’yicha jahon chempioni bo’lgan o’zbek Rustam Qosimjonov “kimligimizni dunyoga namoyish etdi” deb. Islom Karimov darhol uning “ota”si bo’lib chiqdi va “Aziz o’g’limga!” deb xat ham “yozdi”. Darhol unga “Amir Temur” ordeni berilishi haqidagi farmon e’lon qilindi. Orqasidan ma’lum bo’lsa, Rustam ikki yil oldin oilasi bilan O’zbekistondan ketib qolgan va Olmoniyada yashar ekan. Lekin nima bo’lganda ham O’zbekiston nomidan o’ynadi.

Lekin “millatning aql zakovatini ko’rsatuvchi bunday o’g’lonlar”i bugun chetda ekanligi kishini o’ylatmasdan qo’ymaydi. Mana siz ham Istanbulda ekansiz. Ertaga bir joyda otingiz chiqib, mashhur bo’lib qolsangiz bugun og’zingizni yumishga urinib, sizni Vatandan ketishga majbur qilganlar sizga ham yo “aka” yoki “uka” bo’lganlarini e’lon qilishlari hech gap emas. Bu samimiy maqtov bo’lmaydi, aslida ularning manfaatlariga mos tushgani uchun shunday paytda sizni maqtaydilar.

Hukumat, xususan Islom Karimov aql-zakovatdan qo’rqadi va bu kuchni uzoqda, nazoratda tutishni odat qilgan.

Endi harakat masalasiga kelsak, yoshlarning shu kecha kunduzda nima qila olishlari haqida, kurashni otashin so’z bilan boshlash haqida oldinroqjavob berganda yozgan edim. Ba’zilar allaqachon internet sahifalari yaratish bilan ishga ham kirishganlarini ko’rib, mamnun bo’ldim va men ular bilan yonma-yon bo’lmasamda fikran birgaman. Shu jihatdan sizning ham demokratiyani, so’z erkinligini keng yoyish, adolatni targ’ib etish borasidagi kurashga qo’shilganingizni qutlayman.

Vatan va tan

SAVOL: Evropaga birinchi kelishim, 6 oy bo’ldi, uyni, bola-chaqani, yurtni, chang ko’chalarni, daraxtlarni sog’indim. Bunaqa bo’ladi, deb o’ylamagandim. Qisqasi, o’z uyim o’lan to’shagim, degan naqlga yana bir karra inondim. Bir kun ham ortiq turgim yuq, qora non topsam ham ota-onam, yurtimda bo’lgim kelayapti. Bu narsalarga qanday qaraysiz, o’z munosabatingizni bildiring. (Yorqin).

 JAVOB: Savolga savol bilan javob berishim mumkin: Agar hayotingiz uchun tahlika bo’lmasa va bir soat ham turgingiz kelmasa, nima sizni ushlab turibdi, darhol yo’lga chiqmaysizmi? Lekin bunday savol bergim yo’q. Chunki ko’pchilik G’arbga kelganda ana shunday holga tushadi. Ammo keyinchalik qolib ketadi yoki vatanga borganda turolmay ortga qaytadi. Hayotimni qutqarish uchun ketmaganimda qora nonni afzal ko’rib o’tirgan bo’lardim. Hayotim tahlikaga tushishi esa adolatni izlaganim, g’ururimni boshqalarning oyoqlari ostiga tashlamaganim bilan bog’liq.

Bir paytlar juda “vatanparvar edim”. Endigi qarichim bilan o’lchasam, u faqat mahalliychilik ekan. Vatan tushunchasi ko’p o’ylantiradi.

Vatan inson uchun tug’ilib o’sgan joymi yoki tafakkuri shakllangan maskanmi?

Vatan ota-bobolar xoki yotgan zaminmi yoki ona tili erkin so’ylangan joy-mi?

Bugun qishloq, shahar, viloyat, mamlakat kabi bo’laklar torayib, Dunyo degan yagona vatan paydo bo’lmoqda-mi?

Kechagina O’zbekistondan bosh olib ketmoq or sanalgan bo’lsa, bugun chetga chiqib ketmoq sharafga aylanayotganining siri nimada?

Vatanning bir hovuch kimsalar qo’lida mulk bo’lib qolishida-mi? Yoki torlikdan kenglikka intilish zehniyatining tetapoya davrimi bu?

Balki inson uchun butun yer kurrasi vatandir?

Kimdir hayotini qutqarish uchun ketsa, kimdir hayotini xarob etish uchun ketayotganini qanday anglamoq kerak?

Kimdir pul qidirib ketsa, kimdir o’z yonidan pul berib ketayotganini-chi?

Yana kimdir ketgan joyidan ortga qaytmasdan zax kulbalarda yo yolg’iz, yo o’zgalar qo’ynida, yoxud darveshona hayot ko’rayotganini vatandan, ota-onadan, yoru do’stdan ustun qo’yishini qanday tushunmoq kerak?

Boshqa birov esa sog’inch seli ostida qolgan, ammo qaytib ketishga jur’at etolmayotgan bo’lsa-chi?

O’z vatanida xo’rlangani uchun undan yuz o’girish ham bor gap. Ana shunday savollar juda ko’p va javoblar har kimning o’z ko’ngil mulkida va hakami ham hokimi ham har kimning o’zi!

Shunisiga ham shukur!

SAVOL: Boymirza otaning ahvollari qanday, bilasizmi?(Munira)

JAVOB:Turkiston milliy ozodlik kurashchisi Boymirza Hayit 86 yoshdalar va salomatliklari yaxshi emas. Telefonda gaplashib turamiz, gohida gaplari aniq va ravon, gohida anglash mushkul. O’zlarining aytishlariga ko’ra, bir qo’l va oyoqlari ishlamay qolgan. Insult bo’ldilar. Umr yo’ldoshlari ham og’ir kasal. Ikkalalari ham bir necha martadan jarrohlik amaliyoti kechirdilar. Olmoniya hukumati ularni xizmatchilar va doktorlar bilan ta’minlagan. Orada bir kasalxonada ham yotib chiqadilar. Telefon qilishim bilan O’zbekistonda qanday yangiliklar bo’lganini so’raydilar va yozolmay qolganlaridan tashvishda ekanliklarini aytadilar.

Og’ir xasta ekanliklariga qaramasdan may oyi oxiri iyun oyi boshida (2004) Turkiyaga borib keldilar. U yerdagi muhandislik Universitetining taklifini rad etolmasdan, nogironlar aravachasidan tusha olmasalar ham borib keldilar. U kishiga professor, doktorlik unvonini berishibdi. Shuni qabul qilib, qaytdilar.

Kundalik ishlar bilan mashg’ul bo’lib qolsam, o’zlari telefon qiladilar va “Xavotir oldim, telefon qilishingizga o’rganib qolibman” deydilar. Boshqalar telefon qilayaptimi, desam, “Ba’zan Nyu-Yorkdan Anvarbek Turkistoniy telefon qiladi, boshqalarga esa keraksiz bo’lib qoldik” deb o’kinadilar.

Inson keksayganda yosh boladek bo’ladi va mehrga zorlanadi. Shu bois ularga e’tibor berish, bir og’iz iliq so’zimizni aytib turishimiz kerak. Agar imkoningiz bo’lsa u kishiga bir telefon qiling, telefon raqami Olmoniya kodi bilan boshlanadi:49-221-89-5378

Bugun telefon qilsam, negadir hech kim olmadi va “telesekretar”dagi magnit lentasiga yozilgan ovozda u kishining umr yo’ldoshi “Biz uyda emas” degan “gap” qoldiribdi. Ko’nglim g’ash bo’ldi. Ilohim, omon bo’lsinlar!

Bir oydan so’ng׃ Ushbu yozuvdan keyin bir necha kishi Boymirza otaga sim qoqibdi va hatto uylariga borib, birgalikda suratga ham tushib ketibdi. “Shunisiga ham shukur” dedilar.

Odam bor joyda axloqsizlik bor

SAVOL: Demokratiya bo’lgan G’arb davlatlarida ham axloq masalasi bizdan yaxshi emas-ku? Shunday ekan buning ildizi tuzum bilan bog’liq  bo’lmay,  boshqa emasmi? (27 iyul).

JAVOB: Avvalo shuni aytish kerak-ki, har bir jamiyat, har bir tuzum va har bir davrda axloqning o’z o’lchovlari bo’ladi.

Masalan, bundan 80 yil oldin  paranjisini yopinmagan ayolni axloqsiz deb bilishgan va hatto toshbo’ron ham qilishgan.

Bugungi davrda esa bu narsa shaxsning daxlsizligiga hujum deb baholanadi.

Bundan yuz yil oldin ayolning jamoat ishlarini bajarishi aqlga sig’maydigan hol bo’lgan. Bugun esa aksi. O’zimizning o’tmish va bugundan ana shunday yuzlab misollar keltirish mumkin.

Endi G’arb va Sharq o’lchovlariga qaraylik.  Sharqda axloqsizlik deyilgan ko’p narsa G’arbda axloq hisoblanadi.

Masalan, G’arbdagi bir qator mamlakatlarda qizlar turmushga chiqishidan oldin bo’lajak kuyov bilan bir necha yil birga yashaydilar. Buni oddiy hol deb qarashadi va hatto qonuniy asosga ham ega.

G’arbdagi ko’pgina mamlakatlarda turmushga chiqqunga qadar o’z iffatini saqlab qolgan qizlarga past nazar bilan qaraydilar. Bizda esa mutloq aksi.

G’arbda biz axloqsizlik degan ko’p narsalar bizning jamiyatda ham azaldan bo’lgan. Faqat yashirin. Masalan, besoqolbozlik yoki o’z xotini bo’lgani holda yana ko’plab jazmanlarga ega bo’lish yoki oilasi, eri bo’lgani holda o’zga  erkak bilan ayshu ishrat qilish ming yillar davomida jamiyatda davom etib kelgan narsa. Ammo oshkor qilinmagan, gapirilmagan.

“Bugun  jamiyatda ayollar buzuqligi avj oldi” degan gaplar tez-tez aytiladigan bo’ldi. Ha, bugun ko’p. Lekin ilgari ham bo’lgan, undan oldin ham bo’lgan. Sovet davrida istagan mehmonxonada fohishalar bo’lardi. Buni hamma bilardi va hech kim gapirmasdi. G’arbda esa bu narsalar oshkor bo’lgani uchun  bu jamiyatni buzuq deymiz.

O’zbekistondan ketib fohishalik yo’li bilan pul topayotganlarning aksariyati G’arb davlatlariga emas, musulmon davlatlariga borayotgani ham sir emas.

Biz Turkiyaga kelganimizda ko’pgina televidenie kanallarini oila davrasida ko’ra olmas edik. Kurakda turmaydigan so’kinishlar, hayosiz ko’rinishlar … ko’chada ayolingiz yoki qizingiz bilan birga yursangiz behayo termulishlar, gap otishlar va hokazo.

Amerikaga kelar ekanmiz, bu jamiyat haqida eshitganlarimizdan boshimiz qotib qolgan edi.

Bu erga kelsak ko’chada birov birovning ayoliga gapirishi, tegajog’lik qilishi yoki qiziga ta’sir qilishga urinishi nafaqat axloqsizlik, balki jinoyat ham hisoblanar ekan. Televidenie va matbuot ham Turkiyadagidan bir qadar yaxshi.

Eng so’nggi misol. Mashhur xonanda Maykl Jeksonning  singlisi Janet Jeksonning bir kontsertda ko’kragi ochilib ketgani ekranga sizgani bois masala kongressga qadar etib bordi va buni ko’rsatgan televidenielarga bir necha million jarima solindi, shunday hol takrorlanadigan bo’lsa, yopib qo’yilishlari haqida ogohlantirildi. Evropada buni matbuot erkinligiga hamla deb baholashdi.  Ko’rdingizmi, har joyning o’z o’lchovlari mavjud. Qolaversa bu bilan G’arb yaxshi, Sharq yomon demoqchi emasman.

Qaerda nur borki soya bor, qaerda odam borki o’sha erda axloqsizlik bor. Bu haqiqat. Faqat tafakkurlari, ma’naviyatlari boy bo’lgan insonlargina axloqan mukammal bo’ladilar.

Har qancha ta’qiq yoki tarbiya axloqsizlikni cheklay olmaydi. Lekin sog’lom jamiyat  buni o’z qonun-qoidalari doirasida tartibga solishi mumkin. Buning uchun esa yana takrorlayman: jamiyat va tuzumning o’zi sog’lom bo’lishi kerak.

Zanjirbandlik

SAVOL: O’zbekistonda bugungi kunda axloqiy tarbiyaning buzilib borayotganini butunlay iqtisodiy qiyinchilikka  bog’lash noto’g’ri ekanligini ko’pchilik tan oladi, albatta. Bu muammoning iqtisodiy bo’lmagan tomonlari haqida va uni echishda (ma’naviy muhitning ma’lum darajada o’rniga tushishiga) qanday yo’l tutish kerakligi haqida fikrlaringizni bildirsangiz.(Zokirjon).

JAVOB: Avvalo bu narsa iqtisodiy muammolar bilan bevosita bog’liqdir. Aytganingizdek yuz foiz bo’lmasa ham o’shanga yaqin. Insonning ikki qorni bor. Birinchi qorin boshda va uni tafakkur desak, ikkinchi qorin quyiroqda va u oshqozondir. Har ikkalasi ham “ovqat” istaydi. Ammo birinchisining “ovqati”-bu ilm, kitoblar, teatr, kino, kundalik mulohaza, mutoala manbalari… ya’ni oddiy qilib aytganda ma’naviy ehtiyoj “taomlari”. Oshqozonni to’ldirish masalasi tafakkurda ko’rib chiqiladi va shundan keyin kerakli tadbir olinadi.

Ammo tafakkur o’lgan yoki o’ldirilgan bo’lsa u holda oshqozonni ko’r-ko’rona to’ldirish boshlanadi, xuddi hayvonlarniki kabi. Menimcha bugun duch kelganimiz holatda ana shu vaziyat mavjud. Aksar odamlar kitoblarni o’qishmaydi, mutolaadan yiroq, teatrga borish imkoni yo’q yoki teatr uning talabiga javob bermaydi, matbuot erkin bo’lmagani bois unga ham nazar solishmaydi. Natijada tafakkur ochligi, tafakkur qahatchiligi yuz bermoqda. Bu esa nafaqat ikkinchi qorin tashvishi balki butun madaniyat, ma’naviyat kabi qadriyatlar emirilishiga olib kelmoqda.

Axloq bu ulkan muammo ichida bir bo’lakdir. Obrazli qilib aytganda bu muammo bir bino bo’lsa, axloq uning derazasi. Bino qulayotgan bir paytda qanday qilib deraza qolishi mumkin?

Tuzatishning yo’li esa binoni qayta tiklash yoki ta’mir etish bilan bog’liq.

Bugun axloq haqida axloqsizlar gapirib turganda kim ularga ishonadi?

Axloq haqida axloqsiz shoirlar she’r yozganda kim ularga ergashadi?

Axloq haqida axloqsizlar va’z aytsa kim quloq soladi? Va hokazo.

Ko’rdingizmi bu zanjirbandlik amaliyotini eslatadi. Biri biri bilan mustahkam bog’liq.

Menimcha eng avvalo jamiyatning, tuzumning axloqsizligini tuzatish kerak.

Terrorning nomi qursin!

SAVOL: Zo’ravonlik, terrorga qanday munosabat bildirasiz?(Sobit).

JAVOB: Azaldan terrorning har qanday ko’rinishini qoralab kelganman va bundan keyin ham shu pozitsiyamdan qaytmayman. Bu borada o’zgarmas qarashim shakllanib bo’lgan va uni hech narsa almashtira olmaydi.

Terror har qanday maqsadda, kim tomonidan amalga oshirilganidan qat’iy nazar baribir terrordir.

Bugunga qadar terrorlar hech qaerda va hech qachon oddiy xalqqa yordam bermagan va aksincha doim uning mushkulini og’ir qilgan, zulmga yo’l ochgan yoki mavjud zulmga xizmat etgan.

Bugun biz yuksak madaniyat davrida yashamoqdamiz. Hukumat bo’ladimi, partiya va harakatlar bo’ladimi, oddiy shaxslar bo’ladimi, terror bilan hech narsaga erisha olmaydilar. Faqat begunoh odamlarning qoni to’kiladi, norasidalar juvonmarg bo’ladilar, onalar zor qaqshaydilar, yo’llar bekiladi, umidlar kallaklanadi, orzular etim qoladi, qatag’onlarni oqlashga bahona topiladi va hokazo.

Bugun demokratik kurash, tinch yo’l bilan kurash davridir. Bu yo’lni tanlasangiz birinchi qadamda yutqazishingiz mumkin. Ikkinchi qadamda yutqazishingiz mumkin. Uchinchi qadamda ham yutqazishingiz mumkin. Lekin oxir oqibatda g’alaba siz tomonda bo’ladi. Bu demokratiyaning qonunidir. Demokratiya berilmaydi, balki olinadi degan gap bor. Demokratiya agar qon bilan olinsa uning demokratiyalik joyi qolmaydi.

Demokratiya demokratik yo’l bilan ustivor bo’lsagina u abadiy yashay oladi. Bu esa oson emas. Kurashning ana shunday oson bo’lmagan yo’lini tanlamoq kerak. Balki meni xayolparast deb o’ylarsiz. Lekin ko’nglimdagini ochiq aytdim.

Erkin yashashga nima etsin!

SAVOL: Biz demokratiyaga tayyormizmi? O’zingizni demokratiyaga tayyor, deb hisoblaysizmi? (Shoira).

JAVOB: Bir necha yillardan buyon “O’zbeklar demokratiyaga tayyormi, yo’qmi?”, degan gap atrofida tortishuv bo’ladi. Hukumat “Tayyor emas” desa, muxoliflar “Tayyor” deydilar. “Tayyor” deganlar qayta qurish va oshkoralik yillarini misol keltiradilar. Lekin o’sha paytda katta imkonlar berilganda, boshqa respublikalar “qaynab” turganda ham O’zbekistonda harakatlar juda sust edi va bu boshqa masala.

Demokratiyaga xalq tayyor, lekin hukumat bermayapti, deydiganlar ham ko’p. Yana bir marta takror bo’lsa ham eslatmoqchiman׃ demokratiya berilmaydi, balki u olinadi.

Xuddi Miloshevichning qo’lida kishanlanib qolgan demokratiya tortib olingani kabi.

Xuddi Shevardnadzening mulkiga aylangan demokratiya xalqqa qaytarilgani kabi. Bunga faqat xalq qodir va u shu darajaga etishmog’i lozim.

Masalani birgina O’zbekiston misolida emas, balki, butun Sharq misolida ko’rsak yanada oydinlashadi. Biz G’arbni so’kishga o’rganganmiz. Lekin demokratiyani G’arbdagi kabi his qila olish darajasiga etdik-mi?

Mana yaqin o’tgan kunlardan bir misol. Chechenlar 2002 yilning may oyida Umumjahon chechenlar kongressini o’tkazishlari kerak edi. Joy esa Istanbul edi. Turkiya demokratiya borasida Sharq davlatlari ichida eng oldingisida. Shuning uchun bu joy tanlangan. Lekin odamlar etib borib, joylashib ertasiga anjumanga chiqamiz deganlarida Turkiya hukumati Rossiyaning tazyig’i ostida bu kongressni to’xtatdi. Oradan qariyb besh oy o’tib mazkur anjuman Daniyada chaqirildi va Moskvadagi terroristik hujum shu paytga to’g’ri keldi. Rossiya Daniyaga po’pisa qilib, bu anjumanni to’xtatishni talab etdi. Daniya hukumati esa “Biz Konstitutsiyamizga qarshi borolmaymiz, Konstitutsiyamizda barcha yig’ilishlar erkinligi kafolatlangan” deb javob berdi. Kichkina Daniya katta Rossiyaning talablari-yu po’pisalaridan o’z qonunlarini ustun qo’ydi. Mana bu demokratiya.

Ozodlik, erkinlikka intilish insonning qonida bor. Lekin bu intilish nafaqat qonimizda balki zehniyatimizda ham o’ldirilib, uning o’rniga qo’rqoqlik kiritilishi qaerdan boshlanadi? Beshikdanmi, oiladanmi, maktabdanmi, oliygohdanmi, dinimizni bizga noto’g’i talqin qilgan mullalarning va’zidanmi? Bugunning eng dolzarb masalasi ana shu. Bunga javob topolmasangiz, hech qachon demokratiyaga erisha olmaysiz.

Savolni esa “Biz demokratiyaga tayyormiz-mi?” shaklida emas, “Men demokratiyaga tayyorman-mi?” ko’rinishida qo’ymoq kerak va har kim  “Demokratiya nima? Men unga tayyorman-mi? Uni talab qila olaman-mi? Unga bo’ysuna olamanmi? Uni yurita olaman-mi?” degan savollarga javob bersa, ko’p narsa oydinlashadi qoladi.

Shaxsan menga kelsak, o’zimni mutloq tayyor, deb hisoblayman, zotan demokratiya talablari, qoidalari va erkinligi hayotimning asosiga aylangan. Demokratiyasiz yashay olmaslik uchun tug’ilgandek his qilaman o’zimni.

Koshki

SAVOL: “O’zbekistonda muxolifat saylovga tayyorgarlik ko’rmoqda”. Bu xabarga siz nima deysiz? (Zafar).

JAVOB: “Muxolifat bor” deyish “Diktatura yo’q” deyish demakdir. Siz ba’zi veb sahifalardan yig’ib, menga yo’llagan xabarlarda aytilayotgani kabi, qandaydir kuchlar to’planayotgan, majlislar, treyninglar qilayotgan, bayonotlar qabul etayotgan, vazirliklarni sudga tortayotgan bo’lsa juda ham qiziq. Chunki diktatura degani muxolifat o’ldirilgan va hamma narsa bir kishining diktati bilan yuradi, degani.

Darvoqe, diktatura sharoitida hukumatning o’zi  muxolifat tuzishi, muxolifat rolini o’ynashi, yuqorida ta’kidlaganimiz kabi xabarlar tarqatishi mumkin. Lekin siz yo’llagan xabarlarni asosan o’zini muxolifat deb kelayotganlar, qarashlari bilan hukumatga muxolif bo’lganlar o’z veb sahifalarida e’lon qilganlar. Xullas, qiyin vaziyat. Ishonishni ham bilmayman, ishonmaslikni ham.

Ishonib ko’raylik. Ozarbayjonda diktataor Haydar Aliev saylovlar arafasida “muxolifat”ning “qimir-qimirlari”ga yo’l qo’yib berar edi. Hatto ulardan to’rt kishi Milliy Majlisga deputat ham bo’lgan. Chetdan  Alievga “Saylovlar erkin va adolatli o’tmadi” deyishsa u ana shu to’rt kishining ismini ko’rsatib, “Bu nima? Ko’zingizga ko’zmijja chiqqan-mi?” derdi. Buning ustiga xalq ham muxolifatning bori  shu ekan, degan xulosaga kelib qolgandi. Bunday siyosat shunga olib keldi-ki, Haydar Aliev o’lib qolganda ham hech narsa bo’lmadi va uning o’g’li boshqaruvni xamirdan qil sug’urgandek qilib, qo’lga oldi.

O’zbekistonda  siz aytgan kabi muxolifat saylovga tayyorgarlik qilayotgan bo’lsa, demak-ki, nimadir o’zgargan?!

Xo’sh, hukumat ularning “qimir-qimirlari”ga ko’z yumdi va hatto 3-4 kishini o’tkazib yubordi ham, deylik. Nima bo’ladi? Hukumatga foyda. Xalqqa esa bugun va uzoq muddatda ham zarar, xuddi Ozarbayjon misolidagi kabi.

Buning ustiga o’sha 3-4 kishiga hukumat mansab berib qo’ysa bas, bugunga qadar hukumat tarkibida ishlayotgan sobiq muxolifatchilar kabi ular ham qora qozonning qorovuliga aylanadilar. Saylov esa demokratik tamoyillar asosida o’tgan bo’ladi. Dunyo bunga ishonmasa ham, o’zimizning avom xalq ishonadi, chunki kecha quvg’in qilinganlar bugun Parlamentga kirsalar, demak, katta o’zgarishlar yuz bermoqda, deb kutish boshlanadi.

Muxolifat yo’q, desangiz, “biz kimmiz” deb chiqadigan, sizdan ranjiydigan kamida 25 kishi topiladi. Ularni ham xafa qilgingiz kelmaydi, chunki imkonlari qadar  kurashib yuribdilar, oralarida o’n besh yildan buyon saylovlarni baykot qilib kelgan, yo’lidan qaytmaganlari ham bor.

Balki bir kun kelib, ba’zilari: “Bu bizning uslubimiz edi, hukumat baribir saylovga kiritmasligini bilgan holda, urinib ko’rdik va saylovning nodemokratik ekanligini isbotladik, jallodning jallodligini isbotlash uchun boshni kundaga qo’ygan kabi” deyishar.

Balki biz bilmagan yana boshqa gaplar bordir?!

Balki?!

Uqdirish qiyin

SAVOL: Amerika o’z qo’shinlarini O’zbekistonga ham joylashtirishi mumkin-mi? (Hikmat).

JAVOB: Har holda siz keyingi kunlarda bo’layotgan bahslarga ishora qilayotganga o’xshaysiz. AQSh prezidenti Amerikaning dunyo bo’ylab joylashgan qo’shinlarini tinch mintaqalardan notinch zonalarga tomon yo’naltirish haqida 2010 yilga qadar uzanadigan rejani e’lon qildi.  Unda O’zbekiston haqida aniq gap aytilmadi, ammo Pentagon bu masalani inkor ham etmayapti..

Dunyoda Amerika askarlari joylashgan mamlakatlarni olib ko’rsangiz birortasi zarar ko’rgan emas. Olmoniya, Turkiya, Qatar, Janubiy Koreya va hokazo. Ruminiya esa bizga keling, degan tashabbus bilan chiqdi.

Amerika askarlarining O’zbekistonda joylashtirish  yoki boshqacha aytganda mavjud qo’shinlar sonini ko’paytirish va ularning statusini doimiyga aylantirish bugun va kelajakning nuqtai nazaridan ham siyosiy, ham iqtisodiy jihatdan  o’zbek xalqiga foyda. Ammo bugungi rejim manfaatlariga zid.

Chunki Xonobodga Amerika askarlari borishi munosabati bilan O’zbekiston va AQSh o’rtasida strategik hamkorlik haqida shartnoma imzolangandi va uning asosiy bandlaridan biri demokratiya, inson huquqlariga qaratilgandi. Vallamat bo’lish kerak. O’zbekistonda bu borada qandaydir bir odim otilgan bo’lsa, hammasi ana shu shartnoma tufaylidir. Bugunga qadar O’zbekistonda ishlayotgan aksar xalqaro tashkilotlar, ulardan grantlar olib faoliyat ko’rsatayotgan, dunyoni taniyotgan yuz minglab oddiy fuqarolar ham bu shartnomaga suyanmoqdalar. Lekin Rossiya bilan ham strategik hamkorlik haqida shartnoma tuzildi va unda demokratiya, inson  haqlari chetlab o’tildi.

O’zbekiston  Rossiyaning bosimi ostida va Xonobodni yopishi ham mumkin. Chunki AQSh chiqmayman deb o’tirmaydi. Tashlab ketaveradi.

Amerika O’zbekistonning demokratik davlat bo’lishidan manfaatdor. Rossiya esa avtokratik davlat bo’lib qolishini xohlaydi. Amerika askarlari O’zbekistonda qolsalar ham agar bir kun bu mamlakat bugungi Olmoniya darajasiga etganda o’zlari mazkur tinch zonani tashlab, boshqa joyga ketadilar. Ammo Rossiya bu ishni hech qachon qilmaydi.

Xullas, Amerikaning emas, Rossiyaning askarlari O’zbekistonga kirib qolmasligi haqida o’ylash kerak. Amerikaning askarlari joylashishi Rossiyaning yo’lini to’sadi. Bugun changalini ocha boshlagan Xitoyning ham.  Afsuski, buni ko’pchilikka uqdirish qiyin.

Ayttim-qo’ydim-da!

SAVOL: Men sizga tushunmay qoldim. Bugungacha xalqni uyg’onishga da’vat etib keldingiz, endi esa revolyutsiya chaqiriqlariga qarshi chiqayapsiz. Bu o’z-o’ziga qarshi chiqish emas-mi? Bu sizning qarashlaringizdagi o’zgarish emas-mi? (Noma’lum).

JAVOB: Avvalo uyg’onish va inqilob haqida. Uyqu dori ichib, uxlab yotgan odamga “Qo’lingga tayoq ol, hammayoqni o’g’ri bosdi” deyishning mantiqsizligini bilsangiz kerak. Uni avval uyqudan uyg’otish va uyqu dori ta’siridan qutultirish kerak. Ana undan keyin uyiga tushgan o’g’rini ko’rsa, sizning chaqirig’ingiz bo’lmasa ham o’zi qo’liga tayoq olib yuguradi.

Mening uyg’onishga da’vatlarim va barrikadalaru inqiloblarga chaqiriqlarga e’tiborsizligim ana shundan.

Endi “o’z-o’zimga qarshilik” haqida.

Yozganlarimni qayta-qayta o’qib chiqing va printsipial qarashlarim ayni ekanlgini ko’rasiz. Ya’ni:

Diktaturaga, adolatsizlikka, qonunsizlikka qarshiman va bu qarashimda metin turibman.

Demokratik, dunyoviy tuzum tarafdoriman va hech qachon bu fikrimdan qaytgan emasman.

Inson huquqlarini, barcha madaniyatlarni, haqiqatni qadrlayman va bunda ham hech qanday o’zgarish bo’lgan emas.

Qon to’kilishi yo’li bilan hokimiyatga kelishni istamaganman va bugun ham istamayman.

Har qanday ko’rinishdagi terrorga, terrorizmga qarshiman va bu qarashimda ham sobitman.

Samimiy yaxshilik qilgan odamga, oilaga, guruhga, mamlakatga yomonlik qilmaslik haqida o’ylab keldim va bugun ham shu fikrdaman.

Yomonlik qilganlarni iloji boricha kechirishga urindim va bugun ham shu yo’ldaman va hokazo.

Bulardan tashqarida qandaydir ahamiyatsiz ziddiyatlar topishingiz mumkin, xuddi latifadagi kabi:

…Xorijlik bir mehmon mahalliy, qo’lbola mehmonxonaga katta pul to’lab, bir kecha yotib, ertalab chiqib ketayotgan ekan:

-Taqsir, bizga qanday takliflaringiz bor?-deb so’rabdi mehmonxona sohibi.

-Xonalarda bittadan belbog’, chopon va Qur’on  qo’ysangiz yomon bo’lmasdi,-debdi mehmon.

Buni eshitib qolgan mirshab darhol uni ushlab olib ketibdi va diniy targ’ib aybini qo’yibdi. U esa mirshabga:

-Men targ’ib qilganim yo’q, men tanqid qildim,-debdi.

-Tanqid?

-Ha, tanqid qildim. Agar mening aytganlarimni qo’yishsa, adashib bu mehmonxonaga kelgan odam tunda og’ziga, qulog’iga suvarak kirib ketmasligi uchun boshini belbog’ga o’rab olardi. Bitlagan, burgalagan choyshablardan uzoq turish uchun o’tirgan joyida to’nga o’ralib mizg’igan bo’lardi. Ertalab ketayotganda esa qo’lini Qur’on kitobining ustiga qo’yib: “Qaytib bu erga kelsam, Qur’on ursin” deb qasam ichgan bo’lar edi.

-Bu baribir hech narsani o’zgartirmaydi,-debdi mirshab.-Baribir Qur’onga ishonar ekansiz-ku!

Shunaqa, agar bahona topaman, desangiz, istagancha topishingiz mumkin. Lekin men ham ayttim-qo’ydim-da!

So’z boshqa, o’z boshqa

SAVOL: Keyingi paytda revolyutsiyaga, mitinglarga, barrikadalarga chaqiruvchilar ko’paydi. Bunga siz qanday qaraysiz? (Sodiq).

JAVOB: Bunday gaplarni turli internet sahifalarida uchratish mumkin va ularni asosan chetda yashayotganlar yozishmoqda. Eng qizig’i ularning orasida ustlaridan hech qanday ish qo’zg’atilmasdan yoki qo’zg’atilgan ish yopilganda yoxud jazo muddatini o’tab bo’lgandan keyin chetga chiqib ketganlar ko’pchilik. Bu bilan ularning chetga chiqib ketishlarini savol ostiga qo’ymoqchi emasman. Har kim o’z boshiga qaerdan va qanday tahlika kelishini boshqalarga nisbatan ko’proq biladi va shunga qarab ish qiladi. Bu uning oddiy, rad etib bo’lmas huquqi.

Lekin ana shu qonli revolyutsiyaga chaqiriqlarni qilayotganlar bevosita O’zbekistonga borishi mumkin bo’lgan odamlar ekanligini urg’ulamoqchiman. Aksincha borishi mumkin bo’lmagan odamlar bu masalada og’irlik qilib, odamlarning bekordan-bekorga o’lib ketishlariga qarshi ekanliklarini bildirib kelmoqdalar.

Mamlakatga borishga imkoning bo’lsa va o’zing chetda turib, bormasdan xalqni inqilobga, mitinglarga, barrikadalarga chaqirish nosamimiy tuyuladi. Biz bugun go’rdan olib, go’rga urayotgan badbaxt Lenin ham hatto o’zi borib inqilobga boshchilik qilgan. Shu bois ham bugun yangrayotgan chaqiriqlarga e’tibor qilmayman.

Darvoqe, Gurjistonda inqilob bo’ldi, nega bizda bo’lishi mumkin emas, deyishadi. Hov, baraka topgur, Gurjistonda diktatura bor edi, deb kim aytdi sizga? Axir Shevardnadze paytida shu Mixail Saakashvili va shu Nina Burjanadzelar partiyalar liderlari edilar va bu partiyalar parlamentdagi ochiq kuch edi. Shunday ekan O’zbekistonni Gurjistonga taqqoslash mumkin-mi?

Qo’shningni qarg’ama

SAVOL: Sessiyada gapirgan Prezidentimiz haq emasmilar, axir qo’shni mamlakatlardan bizga o’tib hammayoqni portlataverishsa, chegaralarni bekitmaslik kerakmi? (Xurshid).

JAVOB: Bir uyda o’tirgan odam hammayoqni bekitib tashlayversa oxiri o’zi tentakka o’xshab qamalib qoladi. Bundan qo’shnilari emas, uning o’zi yutqazadi. Bu aksioma.

Buni ham qabul qilmasangiz savolingizga savollar bilan javob qilmoqchiman. Agar javoblarini topsangiz, prezidentingiz haq bo’lib-bo’lmaganlarini o’zingiz tushunib olasiz.

Bugun qo’shnilar bilan chegaralar bekitilishidan tojik, qozoq, turkman, qirg’iz azob chekmoqda-mi yoki o’zbek-mi?

Qo’shnilar kelib O’zbekistonda mardikorlik qilmoqdalar-mi yoki o’zbeklar borib ularning yurtidan non qidirib yuribdilar-mi?

O’zbekiston bozorlariga kelayotgan qozoq, turkman, qirg’iz va tojiklar ko’p-mi yoki ularning bozorlariga borayotgan o’zbeklar-mi?

Nega hammayoqni bekitmaganiga qaramasdan qo’shnilarda emas-da O’zbekistonda portlovlar yuz bermoqda?

Bu ishni qildi, deb e’lon etilganlarning aksariyati o’zbeklar emas-mi?

Diktatorlarga atab qo’ygani ham bordir?

SAVOL: Nega diktatorlar buncha uzoq umr ko’radilar va nega ularning zulmlari buncha ko’p davom etadi va nega Xudo ularni urmaydi? Men bu savolga javob topa olmadim, siz topishingiz mumkinmi? (Shoira).

JAVOB: Har qanday savolga javob topish mumkin va bu topgan odamning qarashini ifoda etadi hamda bir tomonlama bo’ladi.

Inson Xudoning odamlarni qanday baholashi mumkin bo’lgan nuqtai nazarini bilolmaydi. Bilgani esa, asosiy deb hisoblangan uch dinning muqaddas kitoblaridagi aytilganlar. Garchi bir qator masalalarda turlichalik mavjud bo’lsada, ammo Xudoning nuqtai nazarini ifodalashda har uchchala dinda ham kuchli ziddiyat yo’q.

Demak, eng avvalo Xudo bir odamga baho berishda uning yaxshiliklari va yomonliklarini taroziga soladi, deyishadi. Diktator yomonlikni o’zi qilmaydi. Yaxshilikni esa birovga qoldirmaydi. Masalan, narx-navo oshishi haqida qarorni hech qachon imzolamaydi. Maoshlar oshishi haqidagi farmonni esa aslo birovga ravo ko’rmaydi. Xuddi ana shunday odamlarni xursand qiladigan ishlarni diktatorning o’zi bajaradi. Qamaydiganlar boshqa u esa avf etuvchidir.

So’ngra, el-ulusning duosi ijobatga olinadi, deyishadi. Diktatorni duo qiladiganlarning boshida din peshvolari turishadi. Qolganlar ham oz emas. Uning hukumatida ishlab pora to’playdiganlar, olgan porasidan bir qismni berib mansabga erishadiganlar, muqobil nomzodlarsiz saylanadiganlar, matbuotda tanqid qilinmaydiganlar… ko’rdingiz-mi qancha-qancha odam kechalari Xudoga yalinib diktatorga uzoq umr istaydi, uni duo qiladi. Bularning orasida xalqning dardini biladigan ziyolilar, allomalar va ulamolarning ham son-sanog’i yo’q.

Diktator xalq huzuriga chiqsa, butun vujudi bilan yonib gapiradi va ulusning anchagina qismi “Ayb unda emas, atrofdagilarda ekan, u bechora bizning dardimizdan bexabar”, deya unga chin dildan uzoq umr tilaydi va hokazo.

Shunday ekan, Xudodan o’pkalashga o’rin yo’q.

Yana kim biladi, Xudo biz bilmaganlarni ham biladigandir. Balki diktatorlarga atab qo’ygani ham bordir?!

Sizning ko’chada ham bayram bo’ladi!

SAVOL: Mustaqillik bayrami xalqnikimi yoki bir to’da rahbarlarnikimi? (O’tkir).

JAVOB: Savolingizda chuqur ma’no bor. Ya’ni Mustaqillik bayrami bugunga kelib xalqning emas, bir hovuch odamning bayramiga aylandi, demoqchisiz va bunga qo’shilmasdan iloj yo’q.

Toshkent shahrini o’rab olib, ichkarida bayram qilish, tabiiyki, shunday xulosaga olib keladi.

Oddiy odamlar bayramdan mahrum etilgani bu bayramning bir yuz qarosi bo’lsa, mustaqillik uchun kurashganlar haliga qadar qamoqlarda o’tirgani, dunyo bo’ylab darbadar bo’lib ketgani ikkinchi yuz qarosidir.

Sovetlar zulmiga qarshi bosh ko’targan Mamadali Mahmudov (Evril Turon) haliga qadar qamoqda o’tirgani, mustaqillik kurashchilari bo’lgan xalq  deputatlari Shovruq Ro’zimurodov, Toyiba To’laganova, Murod Jo’raev, Samandar Qo’qonov, Oygul Mamatova, Hamza Eshnazarov, Otajon Polvon… va boshqa o’nlab, yuzlab, minglab fidoyilarning qismati esa mustaqillik bayrog’idagi yuvilmas dog’dir.

Shu bois achinmang, bu bayramni bir to’da odam nishonlayversin, aksariyat hisoblangan xalqning bayrami esa hali oldinda!

Boshqacha aytganda bir kun kelib sizning ko’chada ham bayram bo’ladi!

Qo’g’irchoqboz

SAVOL: Yaqinda bir qancha veb sahifalarda e’lon qilingan maqolalarda O’zbekistonda hamma narsa SNB ya’ni MXXning kontrolida, hatto prezident ham uning qo’g’irchog’iga aylangani yozildi.  Bunga siz nima deysiz? (Anvar)

JAVOB: O’zbekistonda hamma narsa MXXning nazoratida bo’lganiga hech kimda shubha yo’q. Sovet davrida ham KGB hukmron edi. Hatto siyosiy byuro a’zolarini ham nazorat qilgani keyinchalik o’rtaga chiqqandi. O’zbekistonda ham MXX oddiy odamlar u yoqda tursin, hatto mamlakatning eng yuqori lavozimli kishilarni ham nazoratda tutishi aniq. Bu prezidentning bevosita topshirig’i va amri bilan amalga oshiriladi. Ayni paytda MXX izdan chiqib ketmasin, deb prezident uning rahbarlarini ham nazorat qilib turadigan boshqa kuchga ega. Odatda prezident bunday raqobatli kuchlar yaqinlashib qolmasligi uchun ularning rahbarlarini bir-biriga dushman qilib qo’yadi. Shu bois ham bir joyda ilon o’tishi u yoqda tursin o’tmoqchi bo’lishidan ham prezident xabardor bo’lib turadi.

Prezidentga yaqin manbalardan ma’lum bo’lishicha, o’tgan yili prezident bir muddat hamma narsaga beparvo bo’lib qolgan va hatto MXX ishi bilan ham qiziqmay qo’ygan. Buni uning kasal bo’lib qolgani bilan ham bog’lashadi.  Lekin keyinchalik u yana eski holiga qaytib, hamma narsani o’z mushtining ostiga olgan.

Keyingi yillarda O’zbekistonni Karimov emas, yonidagilar boshqarmoqda, degan iddaoni o’rtaga qo’yadigan bir qancha maqolalar e’lon qilindi  va men oldin ham bu narsalar Islom Karimovni oqlash uchun, uning qilmishlarini boshqalarga yuklash uchun qilinayotganini yozgan edim.

Hamma narsaga MXX aybdor va Karimov ham uning qo’lidagi o’yinchoq deyish O’zbekistonda yakkahokimlik yo’q degani, bo’lgan voqealarga “bechora” Karimov aybdor emas, degani. Boshqacha aytganda, uning gunohlarini boshqalarga yuklashning bir ko’rinishi bu.

Shu sababdan ham bunday masalada yozganda qo’limga fakt tushib qoldi, deb o’ylamasdan yozib yuborish muallifning ham, uni e’lon qilganlarning ham kimgadir o’yinchoq bo’lib qolishlariga olib keladi.

Xullas, MXX haqida yozishadimi, boshqalar haqida yozishadimi ularning ham qilmishlarini, do’ppi olib kel desa, boshni kesib kelishlarini ko’rsatish barobarida bir narsani unutmaslik kerak: diktatura sharoitida hamma narsa bir kishining diktatiga bog’langan bo’ladi. Agar hamma narsa boshqalarning qo’liga o’tib ketsa, unda bu rejimning oti ham boshqa bo’lishi lozim.

Sirtlondan sulton chiqsa

SAVOL: Nega podsholar va bolalari har qancha pulga, boylikka ko’milganlari bilan yana hammani talaydilar? (Iroda)

JAVOB: Sirtlondan sulton chiqsa shunday bo’ladi… Ma’lumki, Qoplon Arslon, Yo’lbars, Sherdan kuchsiz bo’lsada ulardan chaqqon, jasur, mard hamda insofliroqdir. U boshqa hayvonlardek poylab turib orqadan hujum qilmaydi. U avval raqibining qarshisiga chiqadi. Raqibi chekinib qochsagina uni quvadi va bir hatlab etib oladi.

Sirtlon esa o’laksaxo’r bo’lgani uchun ovga chiqmaydi, o’laksalarni esa to’plab-to’plab qo’yaveradi. U qoplonning odatini bilib bundan foydalanadi. Qoplon o’ljasini qo’lga kiritganidan keyin darhol emaydi. Nafasini rostlab olish uchun bo’lsa kerak ancha kutib turadi. Buni tomosha qilib turgan sirtlon kelib, uning oviga panja solib, olib ketadi. Ko’zi och bo’lmagani va sirtlondan kuchsiz ekanligi bois qoplon indamay qoladi.

Sirtlon o’zining beqiyos kuchi bo’lgani holda o’zgalarning ovini tortib olishni xush ko’radi. Har qancha o’laksa to’plagani bilan yana to’playveradi. Tekinxo’rlik uning jismida bor. O’laksa bor joyda sirtlon bor, sirtlon bor joyda o’laksa. U o’lgan joyga yaqin borib bo’lmaydi. O’laksalar o’laksalab ketgan bo’ladi.

Yugurib-elish qoplonni jasur va hamda tezkor, qomatli va ko’rimli holga keltirsa, tekinxo’r sirtlon harakat qilmaganidan badko’rinish, beo’xshov holga kelgan deyishadi. Shu bois ham talonchi podsholarni sirtlonga, muxoliflarini esa qoplonga o’xshatish odat bo’lgan.

Qissadan hissa shulki, sirtlondan sulton chiqsa, nafaqat qoplonlarning  balki  hammaning holiga voy!

O’tkir akaning o’tkirligi

SAVOL: Siz internetni targ’ib qilib yozgan edingiz, lekin O’tkir Hoshimov “Xalq so’zi” gazetasining 21 Avgust kungi sonida buning aksini yozgan-ku? (Alisher).

JAVOB:  Bu maqolani o’qib o’zbek ziyolisining ongi, zehniyati avval qanday bo’lsa, bugun ham shundayligicha qolganiga afsuslandim.

Birinchi marta kartoshkani ko’rishganda “Bu kofirning kallasi” deyishgan va iste’mol qilishmagan.

Pomidorni ko’rishganda “Bu kofirning yuragi” deyishgan va hatto uni etishtirgan odamlarni toshbo’ron qilishgan.

Aeroplanni ko’rganda “Dunyoning oxiri keldi” deb uydan tashqariga chiqishmagan.

Mashina ixtiro qilinganda uni “Shaytonning aravasi” deyishgan bo’lishsa, radio paydo bo’lganida uni “Shaytonning ovozi” deyishgan.

Ayollar paranjisiz yura boshlaganlarida ularni toshbo’rongina qilishgan emas, o’tga ham otishgan.

Ayollar ishga chiqqanda o’sha korxonalarni yoqib yuborishgan.

Televizor chiqqanida uni “Iblislar qamab qo’yilgan uy” deyishgan va hokazo va hokazo.

Lekin bugun bularni eshitgan o’zbekning o’zi kuladi.

Endi kelib-kelib uning taniqli yozuvchisi internet o’zbekning milliyligiga mos emasligini yozibdi. Nima emish, internetda o’z-o’zini o’ldirishning bir qancha yo’llari yozib qo’yilgan emish.

Xuddi hali internet yo’qligida zulmdan ezilgan o’zbek ayollari o’zlarini yoqib yubormagandek…

Xuddi ta’qibning ostida qolgan o’zbek bolalari o’zlarini erto’laga, hojatxonaga, daraxtlarga osib o’ldirmagandek…

Xuddi saroylarda odamlar bir-birini zaharlamagandek…

Xuddi Abdulatiflar o’z  otasini o’ldirmagandek…

Xuddi ochlik bahonasida onalar o’z bolalarini bo’g’ib o’ldirmaganidek…

Xuddi Buxoroda odamlarni so’yib, a’zolarini sotmaganlaridek…

O’lim voqeasi o’zbek uchun yangi emish va internetda bu haqda o’qigan o’zbek bolasi o’zini o’ldirib qo’yar emish. Bunga hojat yo’q, o’zbek bolasini O’tkir Hoshimov ham rahbarlaridan biri bo’lgan mamlakatning mirshablari shunday ham urib-urib o’ldirib qo’yishmoqda.

O’tkir Hoshimovning maqolasi katta bir o’rmonning o’rtasida yashab, bir kun ertalab uyg’onib “Hammayoqni qurigan shoxlar, jangallar bosib ketibdi” deb yoqib yuborishdek gap. Ho’lu quruq bilan birga o’zini ham yoqib yuborish degani bu.

Lekin maqola nima uchun yozilgani aniq. Har holda Oliy Majlisning u kishi rahbar bo’lgan qo’mitasiga internet haqida qonun yoki qaror tayyorlash topshirilgan va O’tkir Hoshimov qo’yiladigan ta’qiqlarni qadriyatlarimizga zid ekanligi borasida propaganda boshlatgan ko’rinadilar.

1990 yilda bir sessiyada o’zbek televideniesining o’zbekcha programmalarini ko’paytirish maqsadida Rus televideniesi ko’rsatuvlari ko’pligi va o’zbek dasturlari ozligi haqida gapirgandim. O’shanda ruscha va o’zbekcha dasturlar ko’lami uchga bir edi. Bu narsa teskarisi bo’lishi kerakligini aytgandim. Fikrimni ko’pchilik qo’lladi. Hatto Karimov “Johongir to’g’ri aytdi” deb luqma ham tashladi.

Keyin tanaffusda meni yoniga chaqirib, “Bopladingiz, juda to’g’ri fikr, darhol bir qaror tayyorlang, qizig’ida o’tkazib olaylik, novosti-povostilarni ham jilovlab qo’yishimiz kerak” dedi.

O’ylanib qoldim. Chunki o’sha paytda “Ostankino” TVsining Xabarlar (“novosti-povosti”) dasturlari Karimovni deyarli har kuni tanqid qilardi.

Shu kuni keyingi so’zga chiqqanimda ba’zilar meni noto’g’ri tushungani, maqsadim Moskva dasturlarini yopib tashlash emas, o’zbek dasturlarini ko’paytirish bo’lganini aytdim. Tabiiyki, bu Karimovga yoqmadi.

Lekin O’tkir Hoshimov Karimovga yoqmaydigan ish qilishga jur’at etadigan odam emasligini isbotlab bo’lgan deputatlardan biri. Shu bois ham uning bu maqolasidagi gaplar bo’lajak sessiyalarda qarorga yoki qonunga aylansa ajab emas?!

Ammo bu o’zining uyat joyi ochilib qolishiga qaramay, etakni ko’tarib, oyni bekitmoqchi bo’lgandek gap. Bir kun kelib avlodimiz yana bir yangilikka qarshi chiqsa, boshqa biri menga o’xshab biz o’zbeklar internetga ham qarshi chiqqan ekanmiz, bu qanday zehniyat o’zi, deb taajjubga tushishidan afsusdaman.

Internet va kerosin

SAVOL: Siz kecha O’tkir Hoshimovning maqolasi haqidagi savolga javob yozganda uning internetga qarshi chiqqanini tanqid qilgansiz, nahotki internetning hech qanday zarari yo’q va u ham tanqid qilinmaydigan zona bo’lsa?(Muhsin).

JAVOB: Bu dunyoda tanqid qilinmaydigan narsa, zona va odam bo’lmasligi kerak. Ammo tanqid kimningdir qabih manfaati uchun qurolga ham aylanmasligi shart.

Internetda tanqid qilinadigan nuqtalar oshib-toshib yotibdi. Lekin gap shundaki, qandaydir yomon sahifalar bor, deya butun internetdan, qandaydir salbiy an’analar mavjud, deya butun g’arbdan, qandaydir yomon ta’siri bo’lishi mumkin, deya butun tanqiddan yuz o’girmaslik lozim.

1986-1989 yillarda “Sovet O’zbekistoni”, “Qishloq haqiqati” gazetalari va “Mushtum” jurnalida yuzlab fel’etonlarim bosilgan. Ulardan birida shunday voqea haqida so’z boradi. Bir qizning otasi uni u istamagan yigitga uzatmoqchi bo’ladi. Qiz oshxonada turgan kerosinni boshidan quyib, o’zini yoqib yuboradi. Otasi “Nima uchun kerosinni ochiq joyda qo’yding!’ deya xotinini urib o’ldirib qo’yadi. Xo’sh, gap kerosinda-mi,  uning qaerda turganida-mi yoki masalaning ildizi boshqa-mi?

O’tkir Hoshimov ham muammoni “kerosin”ga bog’lagan. Unga ko’ra  internetda o’limni targ’ib qiladigan sahifalar borligi uchun ertaga bolalar uni o’qib, o’zini o’ldirishi mumkin, ekan. Gap bolani internetdan mahrum qilish haqida bormasligi, balki uni ota-onasi shunday sahifalardan ehtiyot qilishi haqida bo’lganda,  hech narsa demagan bo’lardim.

Mashina bosib ketishi mumkin, deya bolani ko’chaga chiqarmaslik kerak-mi yoki uni bunday falokatdan ogohlantirish kerak-mi?

Suvga cho’kib o’lishi mumkin, deya bolani cho’milishga qo’ymaslik kerak-mi yoki uni suzishga o’rgatish kerak-mi?

Mana gap qaerda?!

Sohildagi tobut

SAVOL: Yevropada ikkita chegaradosh davlat bor ekan. Ushbu davlatlar chegarasida 2 ta mehmonxona bor ekan, ya’ni HOTEL! Bu mehmonxonalardan biri bu davlatga ikkinchisi ikkinchi davlatga tegishli ekan. U mehmonxonalarning koridori  bitta lekin u mehmonxonadan bu mehmonxonaga o’tish uchun VIZA orqali o’tish kerak ekan!   Shu davlatlar va ikki mehmonxonaning nomi bilasizmi? (Olimjon).

JAVOB: Yo’q bilmayman. Lekin shuni bilamanki, 1985 yilning iyun oyida imzolangan Shengen shartnomasiga qo’shilgan Avstriya, Belgiya, Daniya, Finlandiya, Fransiya, Olmoniya, Yunoniston, Italiya, Lyuksemburg, Hollandiya, Portugaliya, Ispaniya, Shvetsiya, Norvegiya va boshqa yana bir nechta mamlakat  orasida vizasiz safar qilish qoidasi o’rnatilgan.

Agar rostdan ham shunday bir mehmonxona mavjudligini bilish juda ham zarur bo’lib qolsa, internetga kirib, ozgina vaqt sarflasangiz topa olasiz degan umiddaman..

Ammo bu xususda o’rganish uchun undan dolzarbroq mavzular ham bor. Masalan, Turkistonda, ya’ni Markaziy Osiyoda yaqinda chegaralar o’rnatilar ekan, bo’linish chizig’i bir o’zbekning hovlisidan o’tgani va uy-joyi bir mamlakatga o’tib, tandiri va hojatxonasi boshqa mamlakatda qolganini o’qigandim.

Qirg’iston bilan o’rnatilgan chegaralar bo’ylab esa minglab o’zbeklar ikki davlat orasida “bo’linib” qolganlari ham sir emas.  O’zbekning biri qishloqning narigi chetida yashaydigan qaynota va qaynonasini ko’rib kelish uchun sarson-sargardon bo’lsa, ikkinchisi nevarasining to’yiga borolmay xunob bo’lganii ham eshitgandim.

Hatto asli turkmanistonlik bo’lgan bir o’zbek olimi Sovet davrida Toshkentda o’qib, shu yerda qolib ketgan, yaqinda uning Turkmanistonda yashayotgan onasi vafot qilgan va Buxoroga kelgach, viza talab qilishgan.  U tug’ilib o’sgan hovli Amudaryoning narigi sohilida, O’zbekiston tomonidan ko’rinib turar ekan.

Turkmaniston qoidasi bo’yicha uning yaqinlari uning onasi o’lganini Ashgabat ma’muriyatiga isbotlashlari, keyin ular Toshkentga xat yozishlari, undan keyin u O’zbekistondan chiqish vizasi olishi va Ashgabat elchixonasiga murojaat qilib, 24 dollar to’lashi, so’ngra masala yana Ashgabatga qaytib, viza berish-bermaslik ko’rib chiqilishi kerak ekan.

Xullas, oxiri haligi odam Amudaryoning bu sohilida turibdi va narigi sohilga onasining jasadi solingan tobutni olib kelib, vidolashibdilar. Uning o’zi bu voqeani yig’lab radioga gapirib berganida o’rtanib ketdim.

“Ilon”laru “chayon”lar

SAVOL: 13 Sentyabrda “ERK” veb sahifasida e’lon qilingan “Nozik savollar” degan maqolada: “…O’zbekiston atalmish hayvonot bog’ida eshaklarni o’zbekka qiyoslab haqorat qilinmadimi… eshaklarni. Chunki eshak eshakligini anglab etadi, o’zbekka o’xshab musulmonman deb hangramaydi, arava tortsa, sherigiga xiyonat qilmaydi o’zbekka o’xshab. Eshak Makkayu Madinaga borsa ham eshakligicha qoladi, o’zbek esa Makkaga borsa, battar o’zbek bo’ladi, Abdulla Orifga o’xshab” degan gaplar bor edi? Bu butun bir xalqqa haqorat emasmi? (Nozim).

JAVOB: Avvalo bu savolni mazkur veb sahifaga yuborganingizda mantiqqa ham, qoidaga ham mos bo’lardi. Balki yuborgan ham bo’lishingiz mumkin. Modomiki menga ham yo’llabsiz, demak bu masaladagi qarashimni bilmoqchi bo’lgansiz, shekilli. Shu bois muxtasar javobim quyidagicha.

Har qanday  xalqning ham “burgut”lari, ham “eshak”lari, ham “chayon”lari, ham “ilon”lari, ham “qoplon”lari, ham “sirtlon”lari, ham “lochin”lari, ham “kalxat”lari… bo’ladi.

Bir paytlar Turkiyaning mashhur adibi Aziz Nesin “Turklarning 70 foyizi ahmoq” deganda unga qarshi katta harakat boshlangan va hatto u Izmirga borib turgan mehmonxonaga o’t qo’yib yuborishgandi. Adib qutulib qolgan va o’ttizga yaqin kishi yong’inda halok bo’lgandi.

Shundan keyin televideniega suhbat bergan adib “Bularning hammasi mening so’zlarim uchun isbotlardir”, degandi.

Agar yana bardosh qilib 2-3 oy kutsangiz bu masalada aniq javob berish mumkin bo’ladi. Aniqrog’i javob berishning ham keragi bo’lmaydi, chunki dekabr oyida o’tadigan saylov natijalarining o’zi ko’p narsani aytib beradi.

Umr o’g’risi

SAVOL: Diktatorlar dunyoda eng ko’p umr ko’ruvchilar ekanligini bilasizmi? (Davron).

JAVOB: Bilaman. Agar diktatorlarda bo’lgan sharoit boshqalarda ham bo’lganda ular ham eng ko’p umr ko’ruvchilar safiga qo’shilishardi. Diktatorning qo’lidagi hokimiyat faqat uning o’ziga va hamtovoqlariga  xizmat qiladi.

Diktatorning ovqati uning salomatligiga moslab pishiriladi va tarkibida vujud uchun kerakli hamma vitaminlar o’rin oladi.

Diktatorga alohida joyda sabzavot va mevalar etishtiriladi va hech qanday zaharli ximikatlar qo’llanilmaydi.

Dunyodagi eng kuchli doktorlar uning salomatligi uchun elib-yuguradilar, chunki u eng ko’p pul to’laydi. Masalan, Haydar Aliev degan diktatorning Klevlandda yurak amaliyotlari va bir necha oylab qolib ketishi Ozarbayjonga bir yuz ellik million dollardan ziyodga tushgandi. Boshqalar ham undan qolishmaydilar.

Bir diktatorning salomatligi uchun sarflangan pulga bir shahar aholisini bepul davolash mumkin.

Diktatorni hech kim nazorat qilmagani, balki hammani u nazorat qilgani bois ham “Falon joyda bir giyoh topilibdi, salomatligingiz uchun yaxshi” deyilsa bas, bir mashina oltinning puliga bo’lsa ham topib kelinadi.

Diktator chang, to’zon ko’chalarda yurmaydi, iflos suvlardan ichmaydi,  og’ir ish qilmaydi, sport bilan shug’ullanishga istagani qadar vaqt topadi, uyqudan uyg’onishi bilan boshidan oyog’ining uchiga qadar uqalab qo’yishadi, yotganda ham doim bosh uchida ana shunday uqalovchilar shay turadi va hokazo.

Xullas, shular va shu kabi omillarni hisobga olib diktatorning uzoq umr ko’rganiga aslo ajablanmasangiz ham bo’ladi, u oddiy odamlarning hisobiga uzoq umr ko’radi, ularning umrlarini o’g’irlaydi.

Diktaturaning ramzi

SAVOL: Karimov uchun o’z nomini xalq va tarix oldida qutqazib qolish yo’llari qoldi-mi yoki u barcha imkoniyatlarni yo’qotib bo’ldi-mi? (Orif).

JAVOB: Bir umr gunoh qilib kelgan odam ham umrining oxiridagi bir savob uchun jannatga ketishi mumkin, degan gap bor. Bu albatta, Xudoning irodasi bilan.

Lekin Islom Karimovning oldida qilishi mumkin bo’lgan juda ko’p xayrli ishlar, ya’ni imkoniyatlar paydo bo’ldi va u aksariyatini boy berdi. Hozir uning oldida eng so’nggi imkoniyat qoldi.

Ma’lumki, dekabrda parlamentga saylov o’tkaziladi. Karimov odatdagi kabi cho’ntak partiyalarni saylovga kiritdi. Bu yerda muxolif qarashdagilarga yo’l berish bilan o’zini qutqazib qolish imkoniyatini qo’ldan chiqardi.

Endi u o’z qo’li bilan “yasagan” qonunga ko’ra 16 nafar senatorni tayinlashi mumkin. Rejimga qarshi bo’lgan turli jamolarning ko’zga ko’ringan namoyondalarini saylovdan oldin to’plab, milliy yarash qilmoqchiman desa rad javob olsa ham yutadi, olmasa ham. Bir muddat o’tib xalqning oldiga chiqib, “Mana sizga boshqacha sharoit va’da qilganlarni senator etib tayinladim, biz demokratiyani qura olmagan bo’lsak, ular qurishsin, bizga yo’l ko’rsatishsin va biz shu yo’ldan boramiz” deyishi mumkin.

Biroq Karimov buni ham qila olmaydi. Chunki uning fenomeni bunga yo’l bermaydi.

O’jarlik imkoniyatlarning kushandasidir.

Karimovning o’jarligi uning so’nggi imkoniyatini ham yeb bitiradi. Bundan bu yog’iga diktatorning nomini xalq va tarix oldida ozgina bo’lsada oqlash uchun hech qanday imkoniyat  qolmadi.

Boshqalar emas, uning o’zi o’z o’ziga  qora bo’yoq chapladi.

U o’zbek tarixida zulm, qabihlik, yulg’ichlik va diktaturaning ramzi bo’lib qolishiga o’zi poydevor yaratdi.

Boshsiz chavandoz

SAVOL: Hozirgi kunda agar referendum o’tkazilsa, 70-80 foyiz xalq Rossiyaga moyilligini bilishimiz mumkin. Putinchilar nafaqat iqtisodiy balki, siyosiy jihatdan ham tazyiq o’tkazishmoqda, bunga qanday qaraysiz? (Ziyo).

JAVOB: Nodemokratik jamiyatlarda hamma vaqt aholining 60-70 foyizi, balki undan ham ko’prog’i hamma narsaga loqayd bo’ladi. Bu loqaydlikni kimlar yoki qandaydir guruhlar turli manfaatlar yo’lida qo’llanib, moyillikka aylantiradilar.

Mustaqillik arafasida Islom Karimov hukumati “Ittifoq tarkibida qolamiz-mi?” degan savol bilan referendum o’tkazganda aholining 99 foyizi “Ha” deb javob qilgandi. Buning 15-20 foyizi qo’shib yozish bo’lishi mumkin va qolgani haqiqat ekaniga shubham yo’q. Chunki aholining loqayd qismiga yo’l ko’rsatadiganlar “Ittifoqdan chetda qolsak ochdan o’lamiz ” deya ishontirishgandi. Hatto muxolifat ham “Ittifoq tarkibida qanday shartlar ostida qolamiz?” degan masalani muhokama qilish bilan ovora edi.

Bugun esa manzara yanada boshqacharoq. Aholining bir qismi uchun Rossiya ish, tirikchilk manbai bo’lib qoldi. Aslida bu ham ataylabdan qilingan harakatning natijasi. Boshqa mamlakatlar yo’lida viza, til, kuchaytirilgan soliqlar va yo’l xarajati muammosi mavjud. Rossiyaga esa tepa qishloqqa borib kelgandek o’tib kelaverasiz. Ikkinchidan, xorijiy matbuotning “oyog’i” qirqilgani holda Rossiya ommaviy axborot vositalariga keng yo’l berilgan. Bu O’zbekiston matbuotidan hech narsa topa olmayotgan xalq uchun yagona alternativ, ya’ni yagona muqobil manba bo’lib qolmoqda.

Islom Karimov aslida Rossiyaga juda yaqin. Chunki Rossiya uning “to’ni”ga yaqin. Demokratiyani “import” qilmaydi. Shu bois odamlardagi moyillik bu tomonga qaratilgan. Agar u va uning qo’l ostidagi matbuot xalqqa bor haqiqatni tushuntirsa, o’sha 60-70 foyizlik loqayd qatlam darhol boshqa tomonga buriladi.

Xullas, hamma balo qolgan 30-40 foyizlik qatlamning bir hovuch “kazo-kazo”larida, “faollar”da. Aniqrog’i bu “faol”larning ustiga minib olgan  “boshsiz chavandozda”.

U demokratiyadan qo’rqadi. Chunki demokratiya 60-70 foyizlik qatlamning loqaydligiga barham beradi. Shuning uchun ham u demokratiya keladigan tomonning eshiklarini yopib, quchoqni Rossiyaga ochgan. Lekin oldingi bir javobda batafsil to’xtalganimiz kabi eng katta tahlika Rossiyadir.

Jallod falsafasi

SAVOL: Sizning “Usmon Haqnazarov” haqida yozganlaringiz to’g’ri bo’lib chiqdi. Bundan xursandmisiz?(Umid).

JAVOB: Yo’q! Chunki bu ko’pchilikning hali tarixni, siyosatni va eng muhimi diktatura nima ekanligini tushunmagani, o’rganmagani, zehniyat eskisi kabi qolganligini isbotladi va bu juda afsuslanarlidir.

Rejimga nisbatan muxolif qarashdagilar siyosatni bilmaganlari uchun 1990 yillarning boshida diktaturaga yutqazildi va haliga qadar buning yutqazish bo’lgani tan olinmadi. Agar tan olinganda edi xatolar tahlil qilinib, xulosa chiqarilib, yutuq uchun yangi yo’l ochilgan bo’lardi. Xatolar tan olinib, tuzatish choralari ko’rilmagani ham eski zehniyat o’rgimchak kabi tafakkurni o’rab turganini ko’rsatadi.

“Usmon Haqnazarov” masalasi ham xuddi shunday bo’ldi va bugunga qadar unga ishonib yurganlar anchagina va bu juda afsuslanarlidir.

Yuz martalab yozdik, Jo’rabekovlar, Alimovlar va boshqa kazo-kazolar “piyoda askarchalar”dir, agar hamma narsa ularning qo’lida bo’lsa u holda diktatura haqida gapirmang, agar diktatura borligini gapirsangiz u holda bunday odamlar hal qiluvchi emasligini anglab oling, deb.

O’zbekistonni Jo’rabekov va Alimov mafiyasi boshqarmoqda, deb jar solishdi. Hatto portlashlarni, qama-qamalarni ular uyushtirmoqda, prezidentning xabari yo’q, deb yozishdi ham.

Mana bir yildirki, ularning orqalariga tepilib, burchakka surib qo’yilganlar. Lekin shunga qaramay ham haligacha xulosa chiqarilmadi yoki hali ham hamma narsa uchun ularni ayblash bilan o’zlarini aldab yurganlar bor. Bundaylar yo asosiy aybdorni ko’rsatishga cho’chimoqdalar yoki unga xizmat qilmoqdalar.

Sovet davrida  bir rahbar ishdan olinadigan bo’lsa, KGB avval bozorlarda gap tarqatar, keyin birorta gazetada “Usmon Haqnazarov” kabi nom bilan bir maqola chiqarar edi. Bugun internetning ba’zi sahifalari mish-mish tarqatiladigan joy bo’ldi va bundan “ustalik” bilan foydalanayotganlar ko’payib bormoqda.

Siyosatni, tarixni, diktatura nima ekanligini o’rganmaganlar yoki o’rganishni xohlamayotganlar esa laqqa baliqdek bu mish-mishlarning qarmog’iga ilinmoqdalar.

Asirlardir podshoh emas, jallod aybdor degan fikr zehniyatimizga singdirilgan va bu zehniyat bugun ham o’zgarmay qolmoqda. Shu bois ham “jallod” degan so’kishni ko’p ishlatamiz.

Saudiya Arabistonidagi maydonlarda odamlarning boshi tanidan judo qilingani haqida gap ketsa, fatvo berganlar emas, balki boshni kesgan jallodlar haqida o’ylashimiz ham ana shundan. Vaholanki, bu jallod bo’lmasa, boshqasi uning ishini bajaradi. Uning qo’li sinsa, boshqasi qilichni ko’taradi.

Saudiyalik bir jallodning matbuotga bergan suhbatini o’qigan edim. U “Qatl qilinadigan kishi ko’p azob chekmasin, deya kechasi bilan uxlamasdan qilichimni charxlab chiqaman. Qilich qancha keskir bo’lsa, o’layotgan odamning chekkan azobi shunchalik kam bo’ladi” degan edi. Bu jallodning falsafasi. Asl jallodning ijrochisi ham jallod! Bu borada gap yo’q. Ammo hamma gap fatvo beruvchini baholashdadir.

“Usmon Haqnazarov”lar bizning diqqatimizni ijrochi jallodlarga mixlashmoqda. Bu esa asrlar davomida zanglagan zehniyat yana shunday qolaverishi va haqiqatni, erkinlikni, demokratiyani ko’ra olmay o’tib ketish uchun xizmat qiladi.

Manqurtlik va “maratu”likning ildizi qaerda? Ozgina rost gapga anchagina yolg’onni o’rab xalqqa edirishdadir.

Tariximizda o’tgan podsholar haqida asosan ularning qahramonliklari, qilgan yaxshi ishlari, qurdirgan imoratlari haqidagi gaplar bizga etib kelgan. Vaholanki, tariximizda hech qachon erkinlik, demokratik boshqaruv, xalq fikriga quloq solish bo’lmagan. Faqat zulm, diktatura, qatag’on hukm surgan. Bu haqda hech o’ylab ko’rdingiz-mi? Yoki zehniyatingiz buni ham inkor etmoqda-mi?

Uzr, javobim savolga, og’ir savolga aylanib ketdi.

Silingan tarix

SAVOL: O’zbekiston Oliy kengashining 1990 yillardagi sessiyalari stenogrammasi saqlanib qolganmi? (Shodiyor).

JAVOB: O’zbekiston Oliy majlisining 1990 yilda yangi saylangan XII chaqiriq birinchi sessiyaning stenografik tafsiloti kitob holida nashr etilgandi. Karimovning sirlari tarixga ko’cha boshlagani unga yoqmadi, shekilli, sessiyani faqat magnit lentasiga yozib olsangizlar, etadi, deb ko’rsatma beribdi. Ammo keyingi sessiyalarning birida ichkarida hatto magnit lentasiga yozib olish ham to’xtatilganini bilib qoldik. Oliy kengash apparati kotibiyatining raisi  Omon Hamidovich Olimjonovga (Shoir Hamid Olimjonning o’g’li-JM) murojaat qilsak:

-Erkin akangiz bilan gaplashing, u kishining iznlarini olganmiz,-dedi.

O’zim o’rinbosar bo’lgan oshkoralik qo’mitasi raisi Erkin Vohidovga:

-Bu axir tarixni yo’q qilish, tarix oldidagi jinoyat-ku?!-desam u kishi:

-Jahongirjon, ikir-chikirlarga ham e’tibor qilasiz-a?! Kattaroq, muhimroq narsalar haqida o’ylashimiz kerak,-dedi.

Xafa bo’ldim va navbatdagi sessiyada bu masalani ko’tarib chiqdim. Tarixni soxtalashtirish uchun shunday qilinayotgani va kelajak avlod oldida jinoyat sodir etilayotganini aytdim. Karimov boshini egib eshitdi va keyin Erkin Vohidovga qarab “Nima gap?” degandek  ishorada bo’ldi. Erkin aka mening yonimga kelib, “Hammasi joyida, gaplashganmiz, bundan keyin stenogramma yuritiladi” dedi.

Afsuski, bu ham nayrang ekan. Balki keyinchalik Oliy majlis Karimovni maqtash minbari bo’lgach bu ish tiklangandur? Ammo 1990-1993 yillardagi sessiyalarning stenogrammasi yozib olinmagan.

“Kuch adolatda!”

SAVOL: Kuch adolatdami yoki adolat kuchdami? (Xorazmiy).

JAVOB: Sohibqiron Amir Temurga ko’ra kuch adolatdadir. Agar adolat qilsangiz yaqinlaringiz ham, uzoqdagilar ham siz tomoningizda bo’ladilar. Ayniqsa, davlat rahbari uchun bu juda muhimdir. U adolatli bo’lsa, demak kuchli ham bo’ladi.

Ammo teskarisini tushunadiganlar ham bor. Agar kuchga ega bo’lsang, adolatni ham boshqarasan yoki sen kuchli bo’lganing uchun har bir ishingni adolatli, deya baholaydilar, degan tushunchaga ega bo’lgan davlat rahbarlari ham anchagina. Shulardan bir Islom Karimovdir. U gapirganda “Kuch adolatda!” degani bilan aslida “Adolat kuchda!” deb biladi. Buni yaqin tarix isbotlab turibdi.

Nurali Qobul

SAVOL: Mustaqillikdan keyin o’zbek matbuotida yozuvchi Nurali Qobul negadir “ko’rinmay” qoldi? Buning sababi nimada, deb o’ylaysiz? (Muhiddin).

JAVOB: Mustaqillikdan keyin anchagina adiblar o’zbek matbuotida “ko’rinmay” qoldilar va buning birinchi sababi rejim bo’lib va ularning g’ayridemokratik rejim bilan kelisha olmaganlari, boshqa safdoshlari kabi bu rejimga moslasha olmaganlaridir.

Ikkinchidan, o’zbek adiblari orasida yoshiga, birga o’qiganiga va fikrlariga qarab bo’linish an’anasi mavjud. Taxtga yaqin nuqtaga kelib qolgan ijodkor eng avvalo o’z “avlodi”, ya’ni birga “osh yeb yurgan” tanishlarini yoniga tortadi.

Masalan, Erkin Vohidov  yuzlab iste’dodli yoshlar bir tomonda tursalar ham baribir o’z yoniga birga o’qigan sinfdoshi Ibrohim G’ofurov, hamchoyxona oshnasi O’tkir Hoshimov kabilarni tortdi. Yoki ayni misolni Karimovga bir muddat yaqin bo’lgan Erkin Samandarov, Primqul Qodirov va boshqalar misolida ham ko’rish mumkin. Bugun esa Karimovning maslahatchisi Xayriddin Sultonovga oshna bo’lganlarning davri. Bu ham o’zbekni yiqitgan oshna-og’aynichilikning bir turi.

Uchinchidan, Nurali Qobul Mustaqillikning ilk yillarida Karimovni qo’llab quvvatlagan bo’lib ko’rinsa-da lekin ko’p narsani jasurlik bilan ochiq yozar edi. Uning hayot tashvishlari haqidagi tahliliy maqolalari doim yurtboshining “jig’iga” tegardi. Ayni paytda Sharof Rashidovni ulug’lash siyosatini qo’llayotgan Karimovga Rashidovning sobiq kuyovi va uni qoralab kitob yozgan, demokratiya tarafdori Nurali Qobul yaqin bo’lib qolishini tasavvur qilish mushkul.

Maddohizm

SAVOL: Bugunga kelib maddohizm bu qadar ildiz otib ketmasligi uchun Mustaqillikdan keyin darhol qanday tadbirlar qilish kerak edi? (Oysuluv).

JAVOB: 1991 yilning  noyabr oyida mamlakatning kelajagi uchun adabiyot sohasida bir farmon e’lon qilish kerakligini va bu boradagi takliflarimni Karimovga aytdim. U darhol bir loyiha tayyorlashni buyurdi. Farmon loyihasini tayyorlab, imzolash uchun olib kirdim. U endi “to’polonchi” deputatlarni chaqirib,  fikrlarini so’rash kerakligini uqdirdi.

Prezident devonining 6 qavatidagi majlislar zaliga o’ttizga yaqin deputat chaqirildi va ular ham mamlakatning kelajagi uchun shunday odimlar otish muhimligini ta’kidladilar.

Ertasiga esa maslahatchi Baxtiyor Nazarov saroyga ijodkorlarni to’plash bilan shug’ullana boshladi. Karimovning ular bilan uchrashuvi bizdan sir saqlandi. Uchrashuvda Karimov ijodkorlarga katta va’dalar beribdi. Keyin eshitsak, men tayyorlagan farmon loyihasini ba’zi ijodkorlarga ko’rsatib, “to’polonchi” deputatlar shunaqa talab qilayapti, lekin men ularga yon bosmayman, debdi.

Farmon loyihasida jumladan quyidagilar yozilgan edi:

-O’zbekiston mustaqil davlat bo’lgani bois sobiq Sovet davrida adabiyotchilarga berilgan barcha orden, medal va imtiyozlar o’z kuchini yo’qotgan deb hisoblansin;

-ular kuylagan, ijodlarini bag’ishlagan rejim qulagani va bundan keyin shunday hol takror yuz bermasligi bois ularning mehnatlari zoe ketgani, kommunistik partiyani ulug’lab xalqni chalg’itib kelganlari ochiq e’tirof etilsin;

-maddohlik bilan shug’ullanib kelgan ijodkorlar faoliyatini ochiq tahlil qilib, yoshlarga bunday yo’ldan borishning oqibati tushuntirib berilsin, xatolariga iqror bo’lgan ijodkorlarga hurmat ko’rsatilsin;

-adabiyot hukumat qo’l ostidan chiqarilsin va ijodkorlarning to’la mustaqilligi ta’minlanishi barobarida ularning haq-huquqlarini himoya qiladigan qonun loyihasi hozirlanib, Oliy Kengash muhokamasiga taqdim etilsin:

-O’zbekiston yozuvchilar uyushmasi ikkiga bo’lingani yuzasidan qayta birlashtirish uchun qilinayotgan bosimlar to’xtatilsin, Uyushma kotiblari hukumat nomenklaturasidan chiqarilib, hukumatning ijodkorlarning faoliyatiga aralashishdek tajribadan voz kechgani qayd etilsin;

-ijodkor uchun hukumat beradigan mansab, orden medal emas xalqning e’tirofi muhimligini anglash sharoiti vujudga keltirilsin:

-ijodkorlar orasidan ba’zilarini tanlab mansab, uy joy, orden va medal berish an’anasi qoralansin, ularning hammasiga birdek qulaylik yaratadigan  mustaqil nashriyotlar, jurnallar, gazetalar  bazasini yaratish maqsadida hukumatning dasturi ishlab chiqilsin…

Islom Karimov bu takliflarimizga ko’rinishda qo’shilgan holda amalda aksini qildi, ming yillar davomida odatga aylangan saroyga xizmat qilish, maddohlik an’anasiga chek qo’yishdek sharafli, tarixiy imkoniyatni boy berdi. Aksincha bugunga qadar ham Sovet tuzumini kuylagan ijodkorlarga ordenlar, mukofotlar, imtiyozlar, mansablar berishni kanda qilmadi. Mustaqillik haqida Sovet davrida kitob yozgan yakkayu yagona adib Mamadali Mahmudov (Evril Turon) esa qamoqda.

Demak, Karimov uchun Mustaqillik va Sovet tuzumi orasida hech qanday farq yo’q. Shu bois maddohizm bugun xuddi Sovet davridagidek “gullab yashnamoqda”.

Yaxshi tomonlar?

SAVOL: Prezident Islom Karimovning faqat salbiy jihatlari haqida yozasiz. Ayting-chi, uning inson yoki rahbar sifatida biror ijobiy xislati, fazilati bormi? (Muhiddin).

JAVOB: Bu juda nisbiy tushuncha. Bir odamning xislatlari kimgadir illat bo’lib ko’rinsa, kimningdir illatlari boshqa birovga hikmat, fazilat bo’lib “ko’rinishi” mumkin.

Hammaning ham, jumladan mening ham yaxshi va yomon tomonlarim bor. Ammo foyda va zarari faqat o’zimga. Lekin xalqning xizmatiga bel bog’lasam, yomon jihatlarni jilovlashim kerak. Chunki el nazaridagi odamlarning yaxshi yoki yomon tomonlari ularning jamiyatga keltirgan foyda va zararlari bilan o’lchanadi.

Masalan, men Islom Karimovning bugunga qadar o’zbek jamiyatiga keltirgan foydasini ko’ra olmayapman. Natija sizning ko’z o’ngingizda. Kamina tashqarida yashayotgan bo’lsam, siz ichkaridasiz va o’zingiz guvoh bo’lib turibsiz hamma narsaga.

Uning fe’l-atvorida qandaydir yaxshi tomonlari bo’lsa ham ular jamiyatning zarariga “ishlamoqda”. Lekin Abdulla Oripovdan yoki unga o’xshagan boshqa maddohlardan so’rasangiz, ular Islom Karimov haqida payg’ambar borasidagi hadislardan ham oshirib ko’p narsa gapirib beradilar.

Hatto “Uning qilayotganlari Allohga xush kelmoqda-ki, Tangri Islom Karimovni xalqimiz boshida tutib turibdi” ham deydilar. Masalan, Abdulla Oripovdan aroq solingan piyolani nega chap qo’lida ushlaganini so’rasangiz, “Islom otam shunday qiladilar, demakki, bunda bir hikmat bor” deb javob qiladi.

Xalqqa xizmat qiladigan vazifani egallab turgani holda millatni emas, faqat o’zini o’ylaydigan odamning qanday ijobiy fazilati bo’lishi mumkin? Vazifasi odamlarning konstitutsiyaviy haqlarini himoya qilish bo’lgani holda o’zi odamlarni kamsitsa, qamasa, quvg’in qilsa, tuhmatga ko’msa, qiynoqqa solsa, yolg’onga burkasa, azoblarga giriftor etsa… bunday shaxsning qanday yaxshi tomonlari haqida so’z borishi mumkin?

Ummondan bir zarra: o’zini tanqid qilgani uchun deputat Samandar Qo’qonovni poraxo’r, buncha pul va uy joyni qaysi hisobga qildi, deya televizorlarda ko’rsatib, 22 yilga qamab yuborgani holda, qizi Gulnora chet el banklarida 48 million dollar to’plagani haqida dunyo matbuoti aniq dalillar keltirsa, u o’zbek qizlarini chet ellarga pullash bilan shug’ullanishi borasida AQSh kongressida ochiqdan-ochiq gap ketsa-yu otasi bundan ko’z yumsa, qanday yaxshi fazilat haqida gapirish mumkin?

Karimovning umri zoe ketdi

SAVOL: Islom Karimovni tinimsiz tanqid qilib kelmoqdasiz. Lekin bu unga zarracha ham ta’sir qilgan emas. Shuncha mehnatingiz zoe ketmadi-mi? Yoki doim tanqid qilaverish ham to’g’ri emasligini bilmaysiz-mi? (Komil).

JAVOB: Islom Karimovning haqiqiy kimligini bilmasimdan oldin bir-ikki maqtaganman ham. Ammo uni juda yaxshi taniganimdan beri doim tanqid qilib kelayotganim rost. Maqsadim uni o’zgartirish emas. Uning o’zgarmas ekanligini o’sha dastlabki yillardayoq anglab etganman. Xalqimizda “Bukrini go’r tuzatadi” degan gap bor. Xuddi ana shunday Islom Karimov ham o’zgarmas, tosh kabi qotib qolgandir. U o’zini hech narsaga moslashtira olmaydi. Aksincha hamma narsa o’ziga moslashishini istaydi.

Bu haqda 10 yil oldin gapirganimda muxolifatdagi “dono” yo’lboshchilardan biri:

-Biz Karimovni demokratiyani olib kelishga majbur qilamiz. Xuddi Gorbachevning qo’li bilan qayta qurish qilinganidek, xalqaro ta’sir yordamida Karimovning o’zini bu ishga majbur qilamiz,-degandi.

Lekin mana oradan shuncha yil o’tib, o’sha odam haliga qadar menga o’xshab tashqarida. Karimov esa qanday bo’lsa, xuddi o’sha holida, hatto qarib ham qantarilmadi.

Xorijiy radiolardan birida ishlaydigan do’stlarimdan biri, men haqimda gapirib:

-Taq-taq tanqid qilishdan boshqa narsani bilmaydi. Yaxshi narsalarni ham ko’ra bilish kerak,- deganini eshitgandim.

Agar O’zbekiston matbuoti bugun Karimovni tanqid qilishni boshlasa, men ertagayoq bu ishni yig’ishtiraman. Butun boshli mamlakatning matbuoti uni maqtab turganda, biz ham “taq-taq tanqid” qilmasak, u holda oq bilan qorani ajratishning iloji qolmasdi.

Bugun Karimovni internet yoki xorijiy matbuot orqali tanqid qilayotgan shaxslar anchagina. Lekin 1992-1997 yillarda uning nomini hatto muxolifat “yo’lboshchilari” ham tilga olmasdan “hukumat” kalimasi bilan almashtirar edilar va o’shanda ham chiqishlarimda hukumat emas, hamma narsaga Karimovning shaxsan o’zi aybdor, der edim.

“Karimov o’zgarmas odam ekan, unda bu tanqidlar nima uchun kerak?”,- deyishingiz mumkin. Haqli savol bo’ladi.

Agar bizning tanqidlarimiz bo’lmaganda bugun o’zbek xalqi Sovet davridagidek hamma narsadan bexabar qolgan bo’lardi. Lekin bugun o’zbek matbuoti xuddi Sovet davridagi kabi yopiq bo’lgani holda xalqimiz hamma narsadan xabardor.

Karimovning har bir qilmishidan tortib, qizlarining “faoliyatlari”ga qadar hamma narsani xalq biladi. Bizning maqsadimiz ana shu edi. Bugun ham shu, xalqni haqiqiy ahvoldan xabardor qilish. Ya’ni ertaga Stalinning orqasidan uvvos solib yig’lagan kabi Karimov shaxsiga ham sig’inmaslikni ta’minlashdir tanqidlarimizdan maqsad. Ayni paytda Karimov rejimidan tashqarida demokratiya borligini ham eslatib turishdir.

Shu bois ham mehnatlarim zoe ketdi, deb hisoblamayman.

1991 yilda Karimovni sessiyada tanqid qilganimda meni juda qattiq koyigan kishilardan biri, “Yosh bo’lsangiz ham o’shanda bizdan jasur va aqlliroq ekansiz, biz esa hali ham axmoqligimizni, qo’rqoqligimizni yo tushunib etmayapmiz yoki yashirayapmiz” dedi yaqinda. Bu hali ham hukumatda, Karimovga yaqin katta lavozimda ishlayotgan, uni birinchilardan bo’lib maqtab kitob yozgan kishining iqrori.

Ana shu odamning aytishicha, 5 kishining xorijiy radiolardagi va boshqa joylardagi chiqishlaridan har kuni Karimov xabardor qilinishi shart qilib qo’yilgan ekan. Bu ro’yxat maslahatchilar yoki MXX yoki IIV ga ham ishonilmagan, balki Karimovning o’ng qo’li, umumiy ishlar boshqarmasining rahbari Zelemxon Haydarovga topshirilgan.  Ana shu ro’yxatda nomim Sh. Mirsaidovdan keyin ikkinchi turgan ekan. Ammo o’tgan yili bir muddat kasal bo’lgandan keyin bunga ham qiziqmay qo’yibdi.

Xullas, bizning mehnatimiz emas, Karimovning umri zoe ketdi. U xalqni aldayman va tarixda o’lmas siymo bo’lib qolaman deb o’ylagan edi. Xalqni alday olmadi, o’zini aldadi, tarixga esa qora diktator bo’lib kirdi.

Qorin qo’zg’oloni

SAVOL: 2004 yilning birinchi noyabr kuni Qo’qonda yuz bergan voqealar norozilik namoyishimi, isyonmi, qo’zg’olonmi, bezorilik harakatimi, xalq yurishimi? Xullas, siz bunga qanday baho bergan bo’lar edingiz? (Zabuhullo).

JAVOB: Hukumat bunga “bezorilik harakati” deb baho berdi. Xayriyatki, “qora kuchlar ishi”, demadi. Unda ko’proq odamni qamardi.

Aslida bunday norozilik voqealari Sovet davrida ham, Karimov rejimi paytida ham ko’plab yuz bergan va bermoqda.

Bir paytlar 1916 yilgi Jizzax qo’zg’oloni haqida yozgan Nazir Safarov degan kishi kitoblari va maqolalarida “Jizzax qo’zg’oloni bo’lmasa, Oktyabr inqilobi bo’lmas edi” degan xulosa qilardi. Koshki Jizzax qo’zg’oloni yuz bermagan va biz yetmish yil arosatda qolmagan bo’lardik, deging kelardi.

Afsuski, Jizzax qo’zg’oloni siyosiy emas, balki bolalarini mardikorlikka olib ketilishiga qarshi olomonning bir chiqishi bo’lgan. Buning rus inqilobi bilan na yaqindan va na uzoqdan aloqasi bor. “Sho’rvani osmondagi yulduzning issig’i bilan pishirdim” degan Afandining gapiga o’xshaydi bu.

Qo’qonda yuz bergan voqea  qorin tashvishi bilan bog’liq. Keyingi yillarda O’zbekistonda  bozorlar yopilishi yoki soliqlar oshirilishi, narx navo o’sishi munosabati bilan ana shunday voqealar ko’p yuz berdi.

Har safar “Ana boshlandi!” deganlar bor. Ammo ertasiga puffak kabi pisillab qolishadi. Yoki “Xalq hukumatga qarshi bosh ko’tardi” deyishadi, keyin ma’lum bo’lsa,  hukumat mushtini ko’rsatib, hammani in-iniga kiritib qo’yibdi.

Gap shundaki, bu voqealar siyosiy lideri bo’lmagan olomonning tartibsiz ravishda yuzaga kelgan noroziligidir va uning uchquni juda tez so’nadi. Sababi uning maqsad doirasi tor bo’ladi: Non, non, non!

Bir burda non berib tinchitish mumkin bunday “qo’zg’olon”ni.

Masalan, yopilgan  bozor qayta ochib berildimi, bo’ldi, hirsi qongan bo’ladi olomonning. Yoki besh olti kishini terib olib qamadimi, qolganlar uydan chiqmay o’tirishadi. Tamom. Buzoqning yugurgani shu joyga qadar.

Haqiqiy namoyishlarda esa tor manfaat bo’lmaydi. Maqsad bozor direktorining yoki shahar hokimining o’rinbosari ustidan qilingan shikoyatdan yoki peshtaxtani joyiga qo’yib berish talabidan ancha yuqori bo’ladi.

Qo’qonda yuz bergan voqeada 10 ming atrofida odam qatnashgani yozildi. Bu juda ham bo’rttirilgan raqam. Olomon yurishlari nari borsa, tomoshabini bilan birga mingga etishi mumkin. 10 ming kishilik yurish darajasiga etgan kuchni boshqarish mutlaqo mumkin bo’lmay qoladi va natijasi ikkita mashinani ag’darib, uchta derazaning oynasini sindirish bilan cheklanmasdan, juda og’ir oqibatlarga olib boradi. Chunki bu qorin qo’zg’oloni!

Maqsad mamlakatning, millatning kelajagini o’ylash bo’lgan namoyishlardangina yaxshi natija kutish mumkin. Lekin xalqimiz hali bozor doirasidan tashqariga chiqqan emas. Agar chiqqanda keyingi ikki yilda ba’zi muxolif qarashdagilarning, inson huquqlari himoyachilarining Toshkentda va viloyatlarda uyushtirgan siyosiy  tadbirlariga qo’shilib, illatning ildizini qo’porib tashlagan bo’lardi.

Saylovda nomzod ko’rsatish uchun to’planganda huquqini toptab yig’ilishini tarqatib yuborishsa indamay ketgan odamlarning ertasiga bozorda narx yoki soliq oshganiga qarshi bosh ko’tarishi olomon darajasining o’lchovidir.

Shunday ekan, Qo’qondagi voqea olomonning siyosiy namoyishni hatto xayoliga ham keltirmagan navbatdagi “lip” etib yonib, “ship” etib o’chgan bir harakatidir.

Sizni quvontirmasa ham, achchiq bo’lsa-da shaxsiy xulosam ana shu.

“Eshagim, jon eshagim”

SAVOL: Bir bor ekan, bir yo’q ekan… Davom ettirishingiz mumkin-mi?(Dilafruz).

JAVOB: Mumkin… Bir bor ekan, bir yo’q ekan, qadim o’tgan zamonda, Chambil el tomonda falakning gardishi, davronning qaytishi bilan bir O’rmonga bir Eshak podsho bo’lib qolibdi.

Oradan bir necha yil o’tgach, bu O’rmonning dong’i chiqibdi. Boshqa O’rmondagi arslon-shoh vaziyatni o’z ko’zi bilan ko’rmoqchi bo’lib, bu o’rmonga tashrif buyuribdi.

Qarasa, sherlar, arslonlar, qoplonlar bu O’rmonni tark etishgan.

Sirtlonlar esa Eshakning atrofida parvona.

Bo’rilar, itlar, tulkilar Eshak kabi hangrab yuribdilar.

Hatto xo’roz ham ovozini do’rillatib Eshak bo’lishga intilar emish. Tovuqlar esa Eshak ovoziga taqlid qilishni o’rganish bilan band.

Qurt qumursqalardan tortib bitlarga qadar hamma jonzotlar Eshak bo’lishga harakat qilayotgan ekan.

Sayroqi jonzotlar esa “Eshagim, jon eshagim” deb sayrashar, sigirlar “Elinim senga fido” deganday Eshakning atrofida elinlarini silkitib raqsga tushsalar, ho’kizlar bo’lsa “Eshak shohimdan aylanay” deb ma’rashar ekan.

Hatto ot ham boshini egib, qulog’ini shalpaytirib, dumini likillatib Eshak kabi hangrab qo’yarmish.

Hukmron Eshak mehmonini aylantirar ekan:

-Endi ularning bariga tezagimni edirish qoldi,-debdi.

Buni eshitib turgan maslahatchi Tulki Eshakning qulog’iga shivirlabdi:

-Taqsir, biz allaqachon bu ishni boshlab yuborganmiz-ku?!. Ming-ming hayvonlar tezagingiz uchun navbatga yozilganlar-ku?!

-Hangramay tur, bu davlat siri, tashqaridan kelganlarga aytishning vaqti emas,- debdi Eshak unga.

Arslon mehmon O’rmondagi holdan hayratda qolib, Eshakboshidan qanday qilib bunday natijaga erishganini so’rabdi:

-Juda oson. Men ularga olti oyda jannatga kirishni istasangiz, ustingizga mindirishni va xalacho’p urilishidan lazzat olishni o’rganing, dedim, xolos. Qolganini esa o’zlari bajarib ketdilar, chunki eshaklik hamma hayvonlarning qonida bor,- deb javob qilibdi u mehmonini ham kamsitib.

Matbuotning o’rni emas, o’yini

SAVOL: Diktatura sharotida matbuotning o’rni bormi?(Jambil).

JAVOB: Diktatura sharoitida hech narsaning o’rni bo’lmaydi. Chunki hamma narsa asl holini yo’qotgan va chapani qilib aytganda bichilgan bo’ladi. Matbuot ham shunday, biror narsa siyosiy tahrirsiz chop etilmaydi. Yozilgan narsalarning “erkaklik joyi” yoki “qizlik iffati” qirqib tashlanadi.

Bugun mamlakatda Sovet davridagidan ko’p gazeta nashr etiladi. Xuddi yomg’irdan keyin paydo bo’lgan qo’ziqorindek bir-biriga o’xshash (ham hajm ham mazmun jihatidan) gazeta va gazetachalar tiqilib ketgan. Ularda asosan Internet yoki rus matbuotida chiqqan oldi-qochdilar yoki qo’ydi-chiqdi, sevdim-o’ldim, mashhur odamlarning “mashhur” qiliqlari kabi mavzular.

Sal jiddiyroq masalada yozilsa, albatta “yurtboshi” kalimasi qo’shilmasa imkon yo’q. Muallif qo’shmasa ham muharrir qo’shib qo’yadi. “Yurtboshi” iborasi xuddi fohishabozlik urchib ketgan joyda turli yuqumli kasalliklardan saqlanish uchun qo’llaniladigan muhofaza qalqoniga o’xshab qolgan. “Shuni qo’llansam, menga jin ham chalmaydi”, deb o’ylashadi. Lekin bilishmaydi-ki yuqumli kasallik boshqa tomondan ham urishi mumkin.

Shunga qaramay o’zini muhofaza qilgan odamga “Nima qilayapsan?” deb savol berish ahmoqlik. Nima qilsin? Fohishaxonaga bosh suqqandan keyin o’zini muhofaza qilish yo’liga ham bosh uradi-da.

Xullas, diktatura sharoitida “o’rin” degan narsa bo’lmaydi, “o’rin” kalimasi “o’yin” bilan almashadi. Matbuotning o’rni emas, o’yini bo’ladi.

Bu o’yin xuddi kechki restoranlardagi yalang’ochlar o’yiniga o’xshaydi. Qaysi o’yin diqqat tortsa pul o’sha tomonga otiladi.

Yetti tamoyil

SAVOL: Islom Karimovga nima uchun “O’zbekiston qahramoni” unvoni berilgan deb o’ylaysiz?(Ma’rufjon).

JAVOB: Menimcha, Islom Karimov nima uchun o’zi o’ziga “O’zbekiston qahramoni” unvonini olgan desak savol mukammalroq bo’lar edi. Mayli gap bunda emas. Gap shundaki, u  O’zbekistonning yetti tamoyilini vujudga keltirdi.

Birinchi tamoyil: Islom Karimov o’z hamtovoqlaridan boshlab, oddiy mirshabga qadar qo’lida ozgina mansab bo’lgan har bir odamni yulg’ichlik, poraxo’rlikka o’rgatdi. Hamma narsa pulga sotiladigan, pulga olinadigan bo’ldi. Vijdon va odamiylikka o’t ketdi.

O’zbekiston korruptsiya davlatiga aylandi.

Ikkinchi tamoyil: Islom Karimov muxolifatni o’ldirdi, erkin so’zni bo’g’di,  saylov o’rniga siylov tizimini yo’lga qo’ydi, insonni barcha huquqlaridan ayirib, molga tenglashtirdi.

O’zbekiston demokratiyadan uzoq diktatura davlatiga aylandi.

Uchinchi tamoyil: Islom Karimov iymonni qatag’on etdi, haqiqatning belini bukdi, adolatni yer bilan yakson qildi. Insonni kamsitish, tahqirlash, tuhmatga giriftor qilishni milliy an’ana deb hisobladi.

O’zbekiston adolatsizlik sahnasiga aylandi.

To’rtinchi tamoyil: Islom Karimov erkaklarning tuyg’ularini qilichlab, ularni erkak ekanliklari haqidagi hisda n mahrum etdi. Ayollarni begonalar eshigida zor qildi. Non izlaganlar armiyasini vujudga keltirdi. Odamlarni qorinning quli bo’lishga majbur etdi. Mamlakat mardikor bozori bo’ldi.

O’zbekiston qashshoqlar o’lkasiga aylandi.

Beshinchi tamoyil: Islom Karimov yigitlarni darbadarlik, quvg’inda yashash, ishsizlik, giyohvandlik ko’chasiga boshladi. Qizlarni fohishalik botqog’iga itqitdi. Ichkilikbozlik, mast-alastlik dastaklandi, hushyorlik jazolandi. Ta’lim va salomatlik tizimi ishdan chiqdi. Onalar xasta, bolalar xasta…

O’zbekiston genofoni buzilgan antiqa davlat bo’ldi.

Oltinchi tamoyil: Islom Karimov odamlarni kaltaklash, qiynash,  iskanjaga solishni qoida qildi. Qamoqlar odamlarni ma’nan va jismonan o’ldiradigan joy bo’ldi.

O’zbekiston ulkan qamoqxonaga aylandi.

Yettinchi tamoyil: Islom Karimov tarixni o’ziga moslab yozdirdi, xalqning o’qimishli qismini maddohlikka yuz tuttirdi. O’zini maqtaganlarga orden, mansab sotishni, tanqid qilganlarga qamoq jazosi hadya qilishni ustivor etdi.

O’zbekiston manqurtlik maydoniga aylandi.

Bir so’z bilan aytganda O’zbekiston o’rmon qonunlari hukmron bo’lgan davlat holiga keldi.

Islom Karimov ana shu va shu kabi boshqa “ulkan xizmatlari” uchun o’zini “O’zbekiston qahramoni” unvoniga sazovor deb bilgan bo’lsa ne ajab?! Bu unvonga sazovor bo’lgan boshqalarning ham tarix va millat oldida ana shu kabi tamoiliy “xizmatlari” bor.

Non berma, suv berma, mansab va’da qil!

SAVOL: Nega juda ko’p “adib”lar prezident Karimovga maddohlik qiladilar?(Fozilbek).

JAVOB: Birinchidan, ular orden, medal, mukofot olmoq istaydilar. Chunki ular vatanda gadolar. Azaldan saroy maddohlari maqtovni oltinga sotganlar. Bu qon-qonimizga singib ketganga o’xshaydi.

Ikkinchidan, tarixda qolmoq istaydilar. Tarix hukumatlarning qo’lida deb biladilar. Bugun prezident istagan odam tarixga kiritilib, istamagani kiritilmayotganini ko’rib turibdilar-da.

Uchinchidan, qarshi chiqqanlar nima bo’ldi-ki men qarshi chiqayin deb o’ylaydilar. Tanqid otangga ham yoqmaydi, degan maqolni yaxshi biladilar. Aslida esa, qo’y falsafasi bilan yashaydilar. Bitta qo’yning so’yilishi butun qo’ylar podasini qaltiratadi.

To’rtinchidan, prezidentga rostdan ham ishonganlari bor. Chunki prezident ularning nohalol ishlari haqida to’plangan (o’zining topshirig’i bilan to’platilgan) hujjatlarni o’zlariga ko’rsatib, “Seni men qutqazib qolmoqdaman, borib ishingni qilaver” deydi va ular topinishni boshlaydilar.

Beshinchidan, ko’plarining nomlari kadrlar rezervi(zahirasi)ga tirkab qo’yilgan. O’zbekka non berma, suv berma, mansab va’da qil!

Yoshlarga bog’liq

SAVOL: Oldingi javobingizda G’arb O’zbekistonda muxolif  lider topolmayapti, deb yozibsiz, qo’shilaman, haqiqatdan ham Karimov rejimiga qarshi bo’lgan hamma kuchlarni birlashtira oladigan haqiqiy lider chiqmadi. Bu yog’iga nima bo’ladi? (Anvar).

JAVOB: Demokratik g’arb davlatlarida biror-bir mamlakatda amaldagi rahbar ketgandan keyin o’rniga kim bo’lishi yoki diktatorning muxoliflari kimligini bilish tashqi siyosatning muhim bo’lagi hisoblandi. Nohukumat tashkilotlari ham buni bilishga va bu savolga javob topishga intiladilar.

O’zbekistonga borib-kelayotgan AQSh rasmiylari har qanday sharoitda ham Karimovga muxolif bo’lganlar bilan uchrashishga intilishlari faqat  “ham hukumat, ham muxolifat bilan ko’rishish diplomatiyasi” emas, balki ayni paytda ularni tanish, oralaridan demokratiya tarafdori bo’lgan lider qidirish hamdir.

Biznikilar esa choyxonada birgalikda osh yeb yurib, xorijiy missiyalar oldida yoqavayronlik qilganlaridek, yuksak martabali mehmonlar huzurida ham ko’ylaklarini “echadilar”. Berilgan grantlarni kim yeb ketgani, kimga etmay qolgani asosiy mavzu bo’ladi. Bu esa Karimovning muxoliflar haqida mehmonlarga aytgan gaplarini tasdiqlaydi.

Mustaqillikdan keyin o’tgan yillar ichida g’arb davlatlari Karimov ketgan taqdirda O’zbekistonda barqarorlikni ta’minlay oladigan, mamlakatni demokratik davlatga aylantira biladigan, Rossiyaga tobelikdan yiroq turadigan muxolifat mavjud, uning lideri falonchi, degan xulosaga kela olmadilar. Buni ularning noilojlikdan Karimovni qo’llashlari ham ko’rsatmoqda.

Eski “lider”larni bot-bot sinab ko’rishdi, ular bir-biriga tosh otishdan nariga o’tmasligi bilan “mashhur” bo’ldilar. Bittasiga hatto AQShga kirishga viza berilmasa, ikkinchisini esa universitetlardagi konferentsiyalarga ham taklif qilishmaydi. Chunki aytadigan gapini oldindan bilishadi, Karimovni emas, o’z oshnalarini yomonlaydi.

Karimovning maqsadlaridan biri muxolifatni tor-mor etish bilan birga xalqni o’z ortidan etaklay oladigan liderlar etishib chiqmasligi uchun zamin hozirlash bo’lgan. Buni o’tgan vaqt isbot etdi. Bugun Karimov mazkur niyatiga etgan ko’rinadi.

Siz aytgandek, bu yog’i nima bo’ladi?

Bir kunmas bir kun O’zbekistonda yangi  harakatlar paydo bo’ladi. Chet elda tahsil olganlar va olayotgan, mamlkat ichida ham demokratiyani anglagan, liderlik qobiliyatiga sohib yoshlar bor.

Savdogarchilik

SAVOL: Serbiya ham, Gurjiston ham bo’lolmadik, nega Ukraina bo’la olmaymiz? (Oygul).

JAVOB: Chunki biz O’zbekistonmiz…

Ukrainada saylovdan keyin demokratiya istaganlarning ko’chalarga chiqib, saylovdagi g’irromliklarga qarshi isyoni sizni ham junbushga keltirganga o’xshaydi.

Biz “Serbiya” yoki “Gurjiston”  bo’la olmasligimizning sabablarini ilgari yozgan edim. “Ukraina” bo’la olmasligimizning esa quyidagi sabablari bor:

-bizda kuch darajasiga ko’tarilgan muxolifat yo’q. Ukrainada muxolifatning birgina parlamentda qariyb 200 nafar vakili bor. O’nlab shahar kengashlari ham muxolifatning qo’lida. Mamlakatning aksar ziyolilari ham muxolifat bilan;

-bizda muxolif qarashdagilarni birlashtira oladigan bag’ri keng liderlar yo’q. Ukrainada oldingi rejimlarga qarshi kurashgan taniqli liderlar o’zlarini chetga olib, ilgari hukumatda ishlagan ammo demokratiya tarafdori bo’lgan iqtisodchini bir ovozdan qo’lladilar. Bizda esa hammaning o’zi  prezident bo’lishni istaydi. Chunki O’zbekmiz- o’ziga bek, o’ziga xonmiz;

-biz xalq o’laroq demokratiyani to’la his qilganimiz yo’q. Juda kam odam G’arbga chiqib qaytgan, Ukrainada esa deyarli hamma G’arb bilan ish qiladi  va mustaqil o’rta sinf, mustaqil biznes qatlami vujudga kelgan. Bizda esa umumiy darajada bozor savdogarchiligidan nariga o’tilgan emas va hokazo.

Bir kallalik ilondan ikki kallalik ilon

 

SAVOL: Mana Karimov ikki palatali parlament tuzmoqda va bu Amerikanikidan keyin dunyoda ikkinchi o’rindagi demokratik muassasa bo’lishini aytdi. Demokratiyaga bunday yo’l ochilishi  Karimovning tarix oldidagi katta xizmati emas-mi?( Yusuf).

JAVOB: Savolingiz kinoyaga ham o’xshab ketadi. Yoki Karimovning sessiya tugashiga besh minut qolganda o’tkazgan matbuot konferentsiyasida o’zini qanday tutganiga qarab, uning gaplariga ishongan ham bo’lishingiz mumkin.

Aslida bu ham Karimovning diktatura umrini uzaytirishga qaratilgan urinishlaridan biridir.Yana tanqidmi demasdan, iltimos oxirigacha chidang.

Karimov diktaturaning nomini “demokratiya” deb qo’ygan va bu bilan “hammani laqillatib yuribman” deb o’ylasa ham kerak.

Avvalo, agar nomi parlament bo’lsa, u holda prezident boshqaruvi haqida gap bo’lmasligi zarur. Qanday qilib ham prezident boshqaruvi hamda parlament bo’lishi mumkin?! Parlament bu parlamentarizm tuzumidagi boshqaruv hamda qonun chiqaruvchilik shaklidir. Turkiyada bo’lgani kabi.

AQShda prezidentlik boshqaruvi, aslida bu ham yarim prezidentlik boshqaruvidir Ikki palatali qonun chiqaruvchi idorani esa Kongress deyishadi.

Mazkur boshqaruv turi bu yerda yashayotganining muhim sabablaridan biri kuchning asosiy qismi shtatlarda va bunga markaz aralasha olmaydi. Ikkinchidan, xalq demokratiyani mahkam ushlagani va asosini mustahkam qurgan. Shunga qaramasdan bu yerda  ham tuzumning jiddiy muammolari vijirlab yotibdi.

Sharqda, jumladan O’zbekistonda prezident boshqaruvi bu yakkahokimlik, diktatura demakdir. Karimovdan keyin ham kim kelishidan qat’iy nazar bunday tuzumda u baribir diktator bo’ladi. Chunki butun boshqaruv bir qo’lda jamlangan. Nazorat yo’q. Bu asrlar davomida bitta odamning qo’l ostida bo’lib kelgan xalqni bundan keyin ham qul kabi tutushning zamonaviy yo’lidir.

Agar Karimov o’zbek xalqining kelajagini, mamlakatning istiqbolini o’ylaganda edi parlament boshqaruvi uchun asos yaratgan bo’lardi. Parlament boshqaruvida saylovda yutib chiqqan partiya yoki partiyalar hukumatni, boshqaruvni qo’lga oladilar va ularning ishini nazorat qilib turadigan doimiy muxolifat ham mavjud bo’ladi.

Bunday tuzumda prezident parlament tomonidan saylanadi va davlatning ramziy rahbari o’laroq qoladi. Uning qo’lida kuch bo’lmaydi.

Bizning qullik qon-qoniga singib ketgan xalqimizning siyosiy boshqaruvga munosabatini tubdan shakllantirish uchun ana shu bosqichdan o’tishimiz kerak. Bu ayni paytda bizdagi mahalliychilik kabi illatlarga ham barham beradi.

Karimov esa jilovni prezidentning qo’lida saqlagan holda ikki palatali “parlament” tuzib “demokratiya” tomoshasini ko’rsatmoqchi. U bir kallalik ilondan ikki kallalik ilon tug’moqchi. Bunga tabiiy yo’l bilan erishib bo’lmasli aniq. Demak, sun’iy yo’l bilan bu amalga oshishi mumkin.

Karimovning “parlament” degan kasalxonasi ikki palatali bo’ladimi yoki yigirma palatali bo’ladimi, farqi yo’q, bu yerdan  faqat morgga (o’likxonaga) yo’l bo’ladi, hayotga emas. Chunki  bu ”parlament” yana kuchsiz, ojiz va diktatorning imosiga qarab turadi.

Prezident hamma yoqni o’zi belgilashiga qaramasdan hatto ba’zi senatorlarni ham o’zi tayinlash huquqini olmoqda. Bu esa O’zbekiston sharoiti uchun bugungidan ham xavfli holdir. Mana sizga Karimovning tarix oldidagi “xizmati”.

Kerakli odam

SAVOL: Negadir na xorijiy matbuot va na o’zimiznikida Sirdaryo viloyat hokimining ishdan olinishi atroflicha muhokama etilmadi, sizningcha bu ham oddiy voqeami-di? (Ismoil).

JAVOB: Nimani nazarda tutib bu masalaga urg’u berayotganingizni angladim. Sobiq hokim Ravshan Haydarov  ortida O’zbekiston prezidentining Umumiy Ishlar boshqarmasi rahbari, Islom Karimovning eng ishonchli “kassiri” bo’lgan Zelemxon Haydarov turganiga sha’ma qilmoqdasiz. Ha, shunday “aka”si bo’lgani holda uning ishdan olinishi taajubli ko’rinishi turgan gap.

Bir paytlar “Karimov Ismoil Jo’rabekovga tega olmaydi” deganlarida men “Diktator uchun birorta odamning ham xasdek ahamiyati yo’q” deb yozganim, kulishgandi. Lekin vaqt kim haq ekanligini ko’rsatdi.

Zelemxon Haydarov Karimov uchun o’nta Jo’rabekovdan ham muhim. U Karimovning nafaqat moliyaviy balki oilaviy sirlari ustidagi  salobatli “dev”dir.

Agar bu “dev” sirlar saltanatiga ozgina yo’l ochsa,  O’zbekiston tarixining “Ming bir kecha”, “Dekameron” kabi uxlamasdan o’qiladigan  kitoblari yoziladi. Shunga qaramasdan Karimov Ravshan Haydarovni ishdan olishi uning hali-beri taxtdan voz kechish niyati yo’qligining nishonasidir.

Ikkinchi tomondan bu Karimov atrofida uning o’zi vujudga keltirgan guruhlarning “jangi” ham davom etayotganidan bir ko’rinish,  Karimovdan keyin Mirziyoev kelishini istamaganlarning, hozirdanoq uning ba’zi ildizlarini kesib qo’yish va buni Karimovning qo’li bilan qilishdek saroy o’yinlaridan bir sahna ham bo’lishi mumkin.

Ravshan Haydarov bilan Parkent komissiyasida birgalikda ishlagan edim. Yumshoq tabiat, kuyunchak, doim jilmayib turadigan odam edi. Ammo Ichki ishlar, Favqulodda holatlar vazirliklari, Bojxonada etishib u Karimov “mashinasi”ning muhim mexanizmiga aylandi.

Mashina tirillab qolganda darhol uning qismlari almashtirilgani kabi diktaturani to’xtatmasdan yurgizib turish uchun ham eskirgan, keraksiz qismlari bilan birga ba’zan kerakli, eskirmaganlari ham yangilanaveradi. Lekin Ravshan Haydarovning chetga surib tashlanishiga ishonmayman.

Fundament

SAVOL: O’zbekistonda muxolifat bo’lmasa, Karimovga qarshi kurashayotganlar kimdirlar?(Nosir).

JAVOB:  O’zbekistonda demokratik kuchlar, Karimovga qarshi kurashayotgan muxoliflar bor va anchagina. Ularning safida diktatorning qilmishlarini jasorat bilan fosh etib kelayotgan ko’plab fidoyi demokratlar mavjud. Ular inson huquqlarini himoya qilish tashkilotlari, “Erk” guruhlari  va “Birlik” saflaridadirlar.

Lekin O’zbekistonda muxolifat yo’q, der ekanman, rasman tan olingan va istagan kuni minglab odamlarni namoyishga olib chiqa biladigan yoki hukumatga bevosita ta’sir o’tkazish qobiliyatiga sohib, parlamentda qonun kiritish salohiyatiga ega bo’lgan kuchni nazarda tutganman.

Qolaversa, takrorlamoqchiman, O’zbekistonda muxolifat mavjud deyish O’zbekistonda diktatura yo’q deyishdir. Karimov rejimi muxolifatni kuch sifatida o’ldirganiga ko’p bo’ldi.

Bugungi muxoliflar diktaturaga qarshi, lekin hali rasman muxolifat darajasiga etmagan demokratik kuchlardir. Bu kuchlar kelajakda kerak bo’lsa hukumatni ham oladigan haqiqiy ma’nodagi muxolifatning  fundamenti bo’ladi.

O’zlikni anglamoq

SAVOL: Agar Islom Abdug’anievich Sizni Senator etib tayinlayman desalar, qaytishingiz mumkinmi? (Sodiq).

JAVOB: Yo’q! Ba’zi insonlarning dunyosida shunday qadriyatlar bo’ladiki, ularni  na sotib ola bilasiz va na sota olasiz. Bunday qadriyatlar, tuyg’ular inson kimligining ustuni, insonning O’zligidir. Ming afsuski, bugun ana shu O’zlik aksariyat odamlarda yo’qolib ketgan. Aks taqdirda bu kabi savollarga o’rin qolmasdi.

Afsuski, bunday taklif va savollar ilgari ham bo’lgan. Hatto bir tajriba o’tkazdim. O’zim tanigan va mening atrofimda bo’lgan o’zbeklardan 19 kishiga:

-Islom Karimov 16 kishini senator etib, saylovsiz o’zi tayinlar ekan, ya’ni saylov emas, siylov, ba’zilar menga ham taklif bilan chiqishmoqda,- dedim.

Bir kishi ishonqiramay indamay qo’ya qoldi. 17 kishi “Bu imkoniyat” ekanligini, darhol qabul qilish shartligini, odamlar pul berib ham bunday maqomga eta olmasliklarini aytdi. Faqat bir kishi “Shuncha yildan beri Islom Karimovning qilmishlarini fosh etib kelayotgan Jahongir Mamatov nima bo’ladi, o’ladimi” dedi.

Ko’rdingiz-mi, O’zlikni anglash o’n yetti kishidan faqat birida topiladigan darajaga kelganmiz. Men fikr so’ragan kishilar oddiy odamlar emas,  hamma narsani ko’rib-bilib turgan, Karimovni yaxshi tanigan va demokratiyani ham his etgan, demokratik davlatlarda tahsil olgan ziyolilar edi.

Ulardan biri hatto:

-Agar ish menga yoqsa, menga kerak bo’lsa, hech narsaga qaramasdan rozi bo’laman, prezidentning ko’nglini topmasdan yashash mumkin emas, buning uchun kerak bo’lsa o’zlikdan ham voz kechish mumkin,-dedi.

Undan :

-Juda yoshsiz, bunday san’atni qaerda o’rgangansiz,-deb so’radim. U savolimga xafa ham bo’lmadi. Tap tortmay:

-Men internatda o’sganman, u yerda  oyoqda turish uchun hamma narsaga chidashga  va hamma narsani qilishga o’rganadi odam,-dedi.

Faqat internat emas, butun jamiyat shu holga kelgani, keltirilganini esa u his qilib ulgurmasdan xorijga ketgandi.

Ana shu “internat-jamiyat”da odamlar shartni rahbarlar qo’yishidan boshqa narsa yo’q, deb “tarbiya” topishadi. Lekin shartni oddiy odamlar ham qo’yishi mumkin. Ularga qiyin. Lekin mansab deb o’zlikdan, o’z qarashlari, o’z printsiplaridan kecha olmaslik, o’zini iflos qadamlar ostiga tashlamaslik ham baxt! Ko’pchilik his qila olmaydigan, muyassar bo’la olmaydigan baxt!

Haramning g’ami

SAVOL: Karimov o’zining qarib qolganini aytdi, endi iste’foga ketadimi? (Xayriddin).

JAVOB: Bu siyosiy maqsadni ko’zlagan navbatdagi “o’yin”.

2004 yilning 7 dekabr oqshomi Konstitutsiya kuni munosabati bilan o’tkazilgan ziyofatda Karimov ayollar haqida gapirar ekan, “Men endi qarib qoldim” dedi. Bunday gap yangi emas. U bu kabi gaplarni ilgari ham ko’p aytgan. Lekin hech qachon televidenie yoki radio orqali eshittirilmagan. Bu safargi yangi narsa shuki, bu gap aytilgan holat televizor orqali qayta-qayta ko’rsatilganidir.

Ma’lumki, Karimov o’zi o’ylagan muhim bir gapni ana shunday yig’ilishda hazil aralash aytib o’tadi va keyin shuni televizorda qayta-qayta  namoyish etishni buyuradi.

Demak, “Karimovning harami bor, uning yosh qizlarni terib yuruvchi maxsus odamlari mavjud” degan gaplar xalq ichida va umumdunyoda yoyilgani uni rohatsiz qilgan. Aks taqdirda yuqoridagi gapni aytib yuborgan holatda ham uni elga yoymagan bo’lardi. Karimovning aytgan gapini soddalashtirsak, “Men impotentman” degani bo’ladi. Qaysi erkak “Men impotentman” yoki “Qarib qoldim” deb aytgan gapini qayta-qayta eshittirilishini talab qiladi? Ayniqsa, u prezident bo’lib turgan bo’lsa?!

Agar “Karimovning harami bor, u juda ko’p yosh qizlarni juvonmarg qilmoqda”, degan gaplar yolg’on bo’lganida uning bunday siyosiy  “o’yin” qilishiga hojat bormidi?!

O’sh kunlar kelsin-chi…

SAVOL: Mana parlament saylovlarini ham o’tkazdik, qanday o’tganligini hamma ko’rdi. Bizdagi parlament saylovi bilan bir kunda Ukrainadagi saylov ayniqsa, hammaning diqqatini o’ziga jalb qildi. Xuddi shunday demokratik saylovlar qachondir bizning vatanda ham o’tkazilishiga ko’zingiz etadimi? Agar shunaqa bo’ladi, deb o’ylasangiz, muxolifat tomonidan kim prezidentlikka da’vogar bo’lishi mumkin? (O’zbek yigiti).

JAVOB: Noumid shayton, degan gap bor. Bizda ham shunday kunlar bo’ladi. Ammo qachon? Bu og’ir savol. Javobi ham juda og’ir. Ammo xalqimizga hech narsa osonlikcha kelgan emas, bu ham garchi qiyinchilik bilan bo’lsada bir kunmas bir kun nasib etadi.

Da’vogar masalasiga kelsak, o’shanday kun kelsa, da’vogar bo’lmagan odam oz qoladi va fojia ham shu bo’ladi.

Umuman halitdan nomzod haqida gapirish qozon o’rnatilmasdan osh pishdimi, deb kirib kelganday gap.

Bizda hammaning o’zi prezident bo’lgisi keladi. Aslida “Generallikni orzu qilmagan askar-askar emas” deganlaridek, orzuga ayb yo’q. Biroq Vatan va millat manfaati oldinga chiqqanda, har qanday orzuni jilovlay olmoq zarur. O’z orzusini jilovlay olgan, nafaqat parchalanib ketgan muxolifatni, balki hukumatning ham bir qismini va umuman xalqni birlashtira oladigan odam kerak! Bunday odamlar O’zbekistonda juda ko’p topiladi. Avvalo inqilob uchun zamin yaratish va undan keyin ana shunday nomzod haqida o’ylash mantiqqa mosdir.

Bugun tinch inqilob zaminini tayyorlaydigan liderlar kerak. 26 million odamni, 26 million e’tirozni bag’riga sig’dira oladigan liderlar topilsa, ular inqilob uchun zamin hozirlashlari mumkin. Ikki og’iz gapga koptokdek ko’kka sakraydigan, ozgina tanqiddan sholg’omdek qizarib, o’ch olishga tushib ketadigan, o’z manfaati uchun hatto eng yaqinlarini ham qurbon qilib yuboradigan, kunini fisqu fasodga bag’ishlagan, dunyoda faqat mengina bor, deydigan odamlar liderman, deb chiqsalar tabiiyki, kunimizga maymunlar yig’layveradi.

U muhandis, u muallif…

SAVOL: O’zbekiston televideniesining saytiga kirib, arxivdan I.A.Karimovning Eski shaharni va mustaqillik maydonini obodonlashtirish bo’yicha amalga oshirilayotgan ishlarni kuzatish uchun chiqqan reydi tasvirga tushirilgan lavhasini ko’rib, rosti hazm qila olmadim.

Lavhada hayhotday Eski shaharda hech kim ko’rinmasligi prezident xavfsizligi uchun ko’rilgan o’ta qo’pol, o’ta ahmoqona chora emasmikan? Prezidentimizning bunday ulkan qurilish ishlarida doimo maslahat berib turishlarini hisobga olsak, uning bir to’da amaldorlarga kerakli ko’rsatmalar berib yurgani tushunarli.

Bir vaqtlar Jo’rabekovni prezident ortida bemalol sigaret chekib, bamaylixotir turganini ko’rib men ham Jo’rabekov haqida 2-odammikan deb o’ylagandim.

Bu lavhada esa Toshkent shahar hokimi ham, hatto Almatov ham o’zlarini noqulay sezishganga o’xshadi. Qanaqadir qo’rquv bormidiey, xullas, shu paytda prezidentning kayfiyati chatoqligi atrofidagi amaldorlar harakatidan yaqqol sezilib turgandi.

Bundayin tashabbuslar (har qurilishda maslahat berish) prezident tomonidan chiqadimikan yoki “dono prezident” imidjini yaratish maqsadida tinimsiz izlanayotgan prezident devonining dono maslahati natijasimikan? O’z sohasining piri bo’lgan, mana man degan arxitektorlar, shaharsozlarning aqli kamlik qilarmikan yoki? (Bahrom).

JAVOB: Bu ham sovetlardan qolgan me’ros. Qush uyasida ko’rganini qiladi, degan gap bor. Karimov O’zbekiston Kompartiyasi birinchi kotibligiga yangi saylangan kezlarda Samarqandda akasi vafot etgan va u kelguncha tobutni ko’tarmay kutishgandi, u keldiyu “Moskvadan komissiya bor” deb qaytib ketdi. Oradan ko’p o’tmay Lutfixonim Sarimsoqova o’lganda u olomon bilan mozorga qadar bordi. Gazetalarda esa u tobutni ko’tarib borgani yozildi. Siz aytgandek, imidj yaratish masalaning bir jihati.

Ikkinchi jihati esa, Karimov podsholardan binolar qoladi, xalq binolarga qarab o’tgan podshoga baho beradi, deb o’ylaydi. Bu fikrini yashirmaydi ham. Shu bois ham qurilishlarni o’z nomiga bog’lashga intiladi. Bir borib ko’rgani bilan u  ana shu maqsadini amalga oshirgan bo’ladi. Qolganini esa maddohlar uddalaydilar. Qarabsizki, u muhandis, u muallif, u donishmand, u yo’lko’rsatar, boshqalar esa ahmoq!

Yarmi bu hafta, qolgani keyingi haftaga

SAVOL: Yangi yildan keyin yana yangi savollar paydo bo’lyapti.

Yaqinda bir xabar eshitdim. O’tgan saylovda ko’p okruglarda nomzodlar etarli ovoz to’play  olishmagan. Ajablanarlisi shundaki, “davlat odami” hisoblanganlar ham shu  jumladandir. Misol uchun Azamat Ziyoning etarli ovoz ololmagani meni ajablantirdi. U axir “davlatning odami” edi-ku. Yo bu ham demokratik saylovlar bo’lib o’tganini ta’kidlash uchun qilingan o’yinlardan birimi? Xalq bu saylovni qandaydir ma’noda “baykot” qilgan deb aytish mumkinmi?(Bahrom).

JAVOB: Agar kimning deputat va kimning senator bo’lishini oldindan bilmasa u holda diktatorning bitgan kunidir. Lekin bizning diktator hali bitgan emas. Saylovdan bir necha oy oldin uning ro’yxati yonida bo’lgani aniq. Faqat oxirgi kunlarda bu ro’yxatdan bir-ikki ism o’zgartirilgan.

Qolgani o’yin. Karimov “Yarmini bu hafta, qolganini keyingi haftaga moslab, g’arbga tomosha ko’rsatinglar, ular shuni istaydilar” qabilida bir gap degan va Saylov komissiyasi raisi Bo’ritosh Mustafoev bu ish bilan ovora.

Aks taqdirda Karimovning quruq gaplariga ishonib nomzod bo’lgan o’nlab odamlarning nomini hech bir asossiz hatto dastlabki ro’yxatga olishmaganini qanday tushunish mumkin?

Har holda Karimov “Sharq demokratiyasi” deganda G’arb demokratiyasining o’zgartirilgan, o’yin formasini nazarda tutgan bo’lsa ne ajab?!

Saylovlar baykot qilingan bo’lishi mumkin, degan taxminni esa tasavvur ham qilib bo’lmaydi. Xalqimiz orasida barmoq bilan sanarli kishilar shu darajaga etgan bo’lishlari mumkin, ammo umum bundan yiroqda. Bu xalqning aybi emas. Chunki diktatura har qanday faollikni bichib qo’yadigan rejimdir. Diktatura sharoitda saylov emas, siylov bo’ladi, diktator siylaganlar “saylana”dilar. Diktator esa bekorga siylamaydi.

Karimov o’yinni yashirish uchun muxolif qarashdagilardan bir-ikkitasini saylatib qo’yishi mumkin edi. Ammo u o’ziga shunchalik bino qo’yganki, ikkita u yoqda tursin, bitta “bosh og’rig’i”ni ham istamaydi.

Soat savdosi

SAVOL: Depuata Oygul Mamatova “Karimovning soatini sotaman” degan e’lon chiqargan edi, shundan xabaringiz bormi? Shu soatdan Siz ham olganmidingiz? Olgan bo’lsangiz nima qildingiz? (Yusuf).

 JAVOB: Taniqli jurnalist va adiba, sobiq xalq deputati Oygul Mamatovaning “Karimovning soatini sotaman” degan maqolasini yangi yildan oldin elektron pochta orqali olgandim. Bu yordam iltijosidan ham ko’proq rejimning odamlarni nima holga tushirgani haqidagi fosh qiluvchi maqoladir.

Karimov faqat soat emas, balki deputatlarga mashina ham tarqatgan. Lekin “IAK” hujjatli romanida batafsil yozganimdek, Karimovning bu hadyalarini olmaganim uchun jonimni saqlab qolganman.

Soat masalasiga kelsak, Oygul Mamatova aytgan soat 1995 yilda tarqatilgan va bu paytda quvg’inda edim. Lekin ilgari ham Karimov soatlar tarqatgan.

Masalan, bir kuni Navro’z restoranida Konstitutsiya qabul qilingani uchun ziyofat berdi. Konstitutsiya g’ayridemokratik yo’l bilan qabul qilingani bois unga qarshi ovoz bergan uch kishidan biri bo’lganim uchun ziyofatga va undan oldingi tantanali yig’ilishga bormasdan uyga ketdim. Ammo ba’zi safdoshlar uyga kelib, qo’yarda-qo’ymay olib ketdilar.

Ziyofat haqida, u yerda deputatlarning, yozuvchi va shoirlarning Karimovga qanday tilyog’lamalik qilganlari, u bilan elka, qorin urishtirib behayolarcha raqsga tushganlari borasida 1992 yil dekabr oyida “Lambada yoki behayo o’yin” degan katta maqola yozganman va bu 1994 yil, 16 Mayda “ERK” gazetasida [#9, (104)] chop etilgan.

Ziyofatda raqsga tushib o’yinni ham udda qilolmagan Samarqand viloyat hokimi Po’lat Abdurahmonov yonimga kelib׃

-Ha, kechikdingiz? Buning ustiga yig’ilishga kelmadingiz, sizga ham soat bermoqchi edilar, men olishimga to’g’ri keldi, Alisher Mardievga berib qo’ydim, undan olarsiz,- dedi.

Olmadim. Keyin oradan ko’p o’tmay, Vazirlar mahkamasi raisining birinchi o’rinbosari Ismoil Jo’rabekov ko’rib qolib:

-Olish kerak edi, yoqmasa bolalarga berar edingiz, mana endi katta gap bo’lib yuribdi, soatni hukumatning puliga olgan edik, xalqning puliga!- dedi.

-Qachon u o’z puliga bir narsa olgan-ki bu safar olsin, nafaqat xalqning ustiga balki xalqning pulining ustiga ham minib oldi,- dedim.

Ismoil aka “Qaysar bo’lmang!” deb  ketib qoldi.

Soat savdosi shu!

1985..?

SAVOL: Abdulla Oripov “O’zbeklar” degan bir she’r e’lon qilib, uni 1985 yilda yoza boshlaganii va o’shanda yuqoridan bittasi uning yozayotganini eshitib qolib, to’xtatganini aytgan. Shunga ishonasizmi? (Ozod Ovoz).

JAVOB: Yo’q. Chunki 1985 yilda allaqachon qayta qurish va oshkoralik boshlanib ketgan va yuqoridagilarning paytavasiga qurt tushgan payt edi. Rashidov o’lgandan keyin boshlangan “tozalash” kampaniyasi bir yildirki qizg’in davom etayotgan va yuqorida o’tirganlar kimning nima yozayotgani bilan qiziqishga vaqt ham topolmaydigan bir palla edi.

Agar rostdan ham shunday bo’lsa, bilmadim. Yana shu ham borki, birorta shoir she’r yozishdan oldin mavzuni birovga aytib, maslahatlashmasa kerak, she’r bu yurak amri va oniydan quyiladigan narsa.

Kim bilsin, Abdulla Oripov avval Lenin, keyin Rashidov haqida va undan so’ng kommunistik partiyaga bag’ishlab “Najot qal’asi” kabi dostonlaru she’rlar yozib komsomol mukofoti, Lenin ordeni olgan odam. So’ng Usmonxo’jaev, Nishonovlarni ulug’ladi. Navbat Karimovga keldi.

Xo’sh, u “O’zbeklar” asarini nega 1985 yilda yozganini iddao etmoqda?

She’rining oxirida Xudodan yangi bir rahbar so’ragan. Karimovdan undan oldin o’lib qolsa, u  o’rtaga chiqib, uning zulmiga qarshi isyon qilgandim, ammo matbuotda chiqsa, yyoqotib yubormasin, deb she’rni 1985 yilda yozilgan deb e’lon qildim, deyishni ham mo’ljallagan bo’lsa ne ajab?!

Unga faqat o’zi yoqadi

SAVOL: O’tkir Hoshimovning parlament chetida qolishi sababi nima bo’lishi mumkin? (Hilola).

JAVOB: Abdulla Oripov va Erkin Vohidov kabi saroy maddohlari Karimov tomonidan senator etib tayinlangan holda Oliy Majlis hay’ati a’zosi bo’lgan, uchinchi “tilyog’lamaci”ning chetga surilishi, tabiiyki hammaning, jumladan mening ham diqqatimni tortdi.

O’tkir Hoshimov internet o’zbek xalqining zehniyatiga zid ekanligini aytib,  “Xalq so’zi” gazetasida 2004 yil, 21 avgust kuni internetning zararlari haqida kattagina maqola chiqardi. Maqola juda keskin tanqidlarga sabab bo’ldi. Jumladan, biz ham O’tkir Hoshimovning bu boradagi asossiz da’volari ortida Islom Karimov turganini yozgan edik. Dunyo jamoatchiligi Krimovning ustidan kuldi.

Bunday paytda “Bitta ishni ham imi-jimida eplay olmagan”  kishi deputat bo’larmidi?

Diktatorga yoqish oson emas. Hamma vaqt zulmdorga yoqish uchun esa yo Abdulla Oripov yoki Erkin Vohidov bo’lish kerak!  E, yo’q, ular ham hali yoqmay qoladilar. Islom Karimovga yoqish uchun Islom Karimov bo’lish kerak!

Bo’lajak vazir

SAVOL: Zokir Almatov vazirlikdan ketsa, o’rniga kim kelishi mumkin? (Doniyor).

JAVOB:  Tabiiyki, Bahodir Matlubov. Nega?

U 1990 yillarning boshida Samarqand shahar Ichki ishlar bo’limida tergovchi edi. Mening ustimdan ochilgan “jinoiy” ishning tergoviga ham u rahbarlik (1993) qilgandi.

O’sha paytda Samarqandga borgan Karimovga Bahodir Matlubovni ro’para qiladilar. Ular aeroportga qadar gaplashib boradilar va Karimov uning kimligini surishtiradi, otasini maqtab eslaydi.

Uning otasi ishlagan militsiya bo’limi Islom Karimov o’qigan 21-maktabning yonida bo’lgan.

Bahodir Matlubovning otasi juda ham yumshoq ko’ngil odam bo’lgan va ayniqsa, o’quvchilar qilgan mayda jinoyatlarga ko’z yumgani aytiladi.

Shundan keyin Karimovning topshirig’i bilan  Bahodir Samarqand shahar ichki ishlar boshqarmasi rahbari va ayni paytda viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig’ining birinchi o’rinbosari lavozimiga tayinlanadi.

Ko’p o’tmay Toshkentga ishga olindi va Buxoroga yuborilib yana Toshkentga qaytarildi. Yosh yigitni shu zayl “pishirgan” Karimov uni Ichki ishlar vaziri etib tayinlashni rejalagan. Kadrlar nomenklaturasida Almatovdan keyingi shaxs sifatida uning nomini qaydiyatdan o’tkaztirib qo’yilgan. U vazir bo’lsin, u haqda o’shanda yana gaplashamiz.

“O’lmas” uslub

SAVOL: “O’zbekiston ovozi” gazetasida yozilishicha, Ismoil Jo’rabekov ustidan jinoiy ish qo’zg’atilgan, uni “O’zbekistonning ikkinchi odami” deyishardi, shunday bo’lsa, qanday qilib bu qadar erga urish mumkin? (Nosir).

JAVOB: Kimlardir zo’r berib Jo’rabekovni “katta kuch” deya  urg’ulab keldilar. Ismoil Jo’rabekov O’zbekistonni boshqarishda katta kuch bo’lmagani, u ham diktatorning qo’lidagi bir o’yinchoq ekanligini ta’kidlasam ishonishmadi. Vaqt bu haqiqat ekanligini isbot etdi.

“O’zbekiston ovozi”gazetasida Bosh prokuratura xodimi tomonidan e’lon qilingan maqolaning ortidagi gap esa, Jo’rabekovni ogohlantirishdir.

U Karimovning juda ko’p sirlarini biladi. Shu bois  nazoratda tutish, qochib ketmasligi uchun ustidan jinoiy ish ochib, keyin go’yoki avf etgan kabi to’xtatib qo’yish, bu uning jilovini qoziqqa bog’lab qo’yishdir. Shiri ketib, piri qolgan Jo’rabekovni uy qamog’iga solib qo’yish bilan Karimov o’z atrofidagilarni qo’rquvda saqlash siyosatini davom ettirmoqda.

Aslida esa, bunday voqealar Karimovga astoydil xizmat qilgan va qilayotganlarga dars bo’lishi kerak edi. Har qancha unga maddohlik qilmang, har qancha uning oyog’ini o’pib, qonli qilichini ko’tarib, jallodlik etmang, baribir, oxirida bo’yningizga “jinoyatchi” degan tamg’ani osib qo’yadi. Bu diktatorning “o’lmas” uslubidir.

Ba’zilar Karimov qarib qoldi, endi o’lib ketadi va biz kelajagimizni qutqazib qolamiz, deb o’ylasalar ham kerak. Afsus… yana bir xato bu! Birinchidan, u hali o’ladiganga o’xshamaydi, ikkinchidan, undan keyin keladigan rahbar butun jinoyatlarni uning atrofidagi odamlarning bo’yniga uradi. Bu esa o’zbekning “kitobi”ga (manglayiga) yozilgan  “o’lmas” uslubdir.

Shu sababdan aqli-hushi joyida bo’lganlar imkonlari qadar xalq tomoniga, o’tishlari va bechora xalqqa yordam qilishlari kerak. Bu  ularning najot qal’asi bo’ladi!

“Baran”larga mo’ljallangan

SAVOL: (1) Jo’rabekov haqidagi maqolani o’qib, keyin savolga javob yozdingizmi yoki o’qimasdanmi, chunki maqoladan ko’rinib turibdiki, Karimov Jo’rabekovni qutqarib qolgan, yoki bunday emasmi? (Azim).

SAVOL: (2) Ismoil Jo’rabekovga nisbatan jinoiy ish ochib uni yana avf etishdan maqsad nima? Axir, shuncha jinoyatni qilgan odam baribir jazosini olishi kerak-ku?! Yoki bu ham navbatdagi ko’zbo’yamachiliklardan birimi? (Muhiddin).

JAVOB: Karimov Jo’rabekovga yaxshilik qildi, degan gapingizga javob shuki, diktator o’zidan boshqa hech kimga yaxshilik qilmasligini allaqachon bilib olishimiz kerak edi.

Maqolaning Jo’rabekov haqidagi qismida shunday satr bor: “…I. Jo’rabekovning o’z aybiga to’liq iqror bo’lganligi…”.

Xo’sh, bu qanday ayb edi? Buning uchun maqolaning oldingi abzatsidagi oxirgi satrlarga qarang: “U iqtisodni boshqarishning erkin bozor munosabatlariga asoslangan o’ziga xos yo’lini qishloq xo’jaligiga tadbiq etish yuzasidan hukumat qarorlari talablarini to’liq bajarmasdan hamda mazkur tarmoq iqtisodiyotning ustuvor sohasi ekanligiga etarli e’tibor bermay, xizmat vazifalariga jinoyatkorona sovuqqonlik bilan qarab kelganligi oqibatida qishloq xo’jaligida ishlab chiqarish hajmi va hosildorlik pasayib, respublika iqtisodiyotiga putur etkazilgan”.

Jo’rabekovni yaxshi taniganlar biladilarki, u o’z xo’jayiniga sodiq qul edi. U o’zicha bir ish qiladigan emas, balki aytilgannigina bajaradigan shaxs. U saroy o’yinlariga qo’shilmagani bois Karimov hamma joyga uni yuborar, hamma ishga uni bosh-qosh qilib qo’yardi. Shu bois ham u “mashhur” edi va parda orqasini ko’ra olmaganlar uni mamlakatdagi ikkinchi odam, deb hisoblardilar.

Aslida esa u mustaqil fikr u yoqda tursin oddiy bir narsani so’rash uchun olti oy Karimovning og’ziga qaraydigan va oxirida savolini “yeb” qo’yardi.

Shuning uchun ham Karimovning yonida uzoq qolganlardan biridir u. Agar mustaqil ish qilganda qachonlardir yo’qotilardi. Bu diktaturaning qoidasi.

Shunday ekan, respublika qishloq xo’jaligi xarob bo’lgani uchun birinchi galda Karimov aybdor. Lekin Karimov xuddi hech kim bilmagan holda o’z aybini sodiq qullaridan birining bo’yniga yuklab qo’ydi. Bundan keyin birov uni bu masalada ayblasa, uning javobi hozir: “Jo’rabekov bu ishni qilgan va aybini bo’yniga olgan, buni men fosh etib, adolat hammaga baravar ekanligini ko’rsatdim” deydi.

Esingizda bo’lsa Usmon Haqnazarov nomidan yozilgan maqolalarning aksariyati ham aybni Karimovning bo’ynidan soqit qilib, boshqalarga yuklashga qaratilgan edi. Bu “go’sala” odamlarga mo’ljallangani bois, qaysi bir ma’noda foyda berdi ham.

Bu safar “O’zbekiston ovozi”da chiqqan maqola ham o’shalarning davomi. Karimov o’z bo’ynidagi ayblarni kimlargadir yuklab qo’yishda bardavom. Buni ko’ra olmaslik, tushuna olmaslik uchun ruslar aytgandek “baran” bo’lish kerak.

Xudoga shukurki, ikkinchi savolni bergan Muhiddin kabi bunday maqolalar bejiz emasdur, deb o’ylaydiganlar ham bor!

Almatov ham ketadi

SAVOL: Ismoil Jo’rabekovni boshida sodir bo’layotgan voqealar Zokir Almatovning ham boshiga tushadimi? Javob uchun oldindan rahmat.(Farrux).

JAVOB: Hammaning diqqatidan chetda qolgan ikki narsa Almatovning ham osmoniga qora bulutlar yaqinlashib qolganini ko’rsatadi.

Birinchisi, bugunga qadar Bosh vazirning tobeligidan chetda saqlangan va bevosita Karimovning o’ziga bo’ysundirilgan Ichki Ishlar vaziri maqomi endi Bosh vazirning qo’l ostiga o’tkazildi. Bu bilan Karimov Almatovning bitta shoxini sindirib qo’ydi. Shu paytga qadar bitta “ota”si bo’lgan vazirning endi ikkita “ota”si bor va u orada “oqpadar” bo’lib qolishi ham hech gap emas. Ammo Karimovni limonning suvini oxiriga qadar siqib olishi kabi odati nazarda tutilsa, yana bir muddat Almatov ushlab turiladi. Keyin o’rniga Matlubov keladi.

Egasi itini qopdi

SAVOL: Rustam Shog’ulomov nega ishdan olindi deb o’ylaysiz? (Hamza).

JAVOB: Uni Karimov uzoq qo’llandi. Jo’rabekovning qo’li bilan qishloq xo’jaligini jilovlab turgan bo’lsa, Shog’ulomovning qo’li bilan matbuotni bo’g’ib keldi. Aytish kerakki, Rustam Shog’ulomov Jo’rabekovga nisbatan ancha “tashabbuskor” va fitnakor edi. Shu bois ham Karimov uni doim panada ushlashga harakat qildi.

Hali talabalik yillarimda “Toshkent haqiqati” gazetasida ishlar edim. Bir kuni liftda olifta odamni ko’rib qoldim. U yap-yangi kostyumini elkasiga tashlab olgan, qo’llari cho’ntagida edi.  Liftga ikki-uch ayol chiqdi. U ulardan birini bag’riga bosib erkalata boshladi. Elkasidagi kostyumi esa tushib ketdi. U bir menga, bir kostyumiga qaradi-da novcha bo’lsa ham arang egilib, kostyumini yig’ishtirib olar ekan:

-Qaerda ishlaysan?- dedi sensirab, kamsitgan ohangda.

Men ham bu madaniyatli ko’ringan madaniyatsiz odamga “Sen-chi?” demoqchi edimu lekin tilim aylanmadi. Kim biladi, “KGB –MGB” mi deb o’yladim.

Keyin bilsam, “Yosh leninchi” gazetasining bosh muharriri ekan. Hammani sensirarkan. O’shanda qaerda ishlaganimni aytgandan keyin, indamay qo’ygandi. Uning faqat bizning muharrir Ahmad Ismoilovga “tishi’ o’tmas, qolganlarni esa oyog’ining uchida ko’rsatar ekan.

U muharrir bo’lgan yillarda “Yosh leninchi” dunyodagi eng o’lik gazeta edi. Akasi O’zkompartiya Markaziy Komiteti bosmaxonasining direktori bo’lgani uchun uning pichog’i doim moy ustida, erkatoy muharrir. Lekin bir kun ular Ra’no Abdullaevaning domiga ilindilar va ishdan olinib, gazetadan “urildilar”.

Dunyoning ishini qarang, Abdullaeva Qashqadaryoga borganda u yerda birinchi kotib bo’lgan Karimov bilan sog’liqni saqlash masalasida tortishib qoldi. O’zkompartiyaning Moskvadan “tozalash” uchun yuborilgan ikkinchi kotibi Anishchev Abdullaevaning oyog’ini kesishga urinib yurgan payt bo’lgani bois buni eshitib, Karimovni qo’llanadi. Abdullaevani qamatib yuborishadi.

Karimov O’zkompartiyaga birinchi kotib bo’lishi bilan Abdullaeva ishdan olgan odamlarni vazifasiga tikladi. Ular qatorida Rustam Shog’ulomov ham bor edi. Shu bilan Karimov o’ziga sodiq “to’da” yaratish harakatini boshlagandi.

Shundan beri Rustan Shog’ulomov unga xizmat qilib O’zbek matbuotining o’q ildizlarini yo’q etdi va xalqning ma’naviy qashshoqlikka itqitishda Karimovning o’ng qo’li bo’lib xizmat qildi.

Kelajakda Karimov o’zbek matbuoti borasida ayblanadigan bo’lsa, hamma aybni uning bo’yniga yoki uning qabriga yuklab yuborishi hech gap emas.

Mustaqillikdan keyin juda ko’p narsa o’zgardi. Masalan, sodiq it bir kuni o’z egasini qopishi mumkin, degan gap bor edi. Ammo bu ibora o’zgarib, egasi bir kun sodiq itini qopishi mumkin degan mazmun kasb etdi. Zotan Shog’ulomov ishdan olinadiganlar ro’yxatida emas edi. Hali yaqinda o’z vazifasiga qayta “saylangan”di.

O’zbekcha “muvozanat”

SAVOL: Sovet davrida kadrlarni tayinlashda O’zbekiston uchga bo’lingan edi, Xorazm va QQASSR chetlab qo’yilgan edi, buning ildizlari va bugungi kunga ta’siri haqida nima deya olasiz? (Rahimjon).

JAVOB: Har holda Sovet davrida O’zbekistonda kadrlarni tayinlashda Buxoro amirligi, Qo’qon va Xiva xonliklari tipidagi bir vaziyat mavjud edi. Zarafshon  va Farg’ona vodiysi hamda Toshkent mintaqasi asosiy hisoblanib, Xorazm va Qoraqalpog’iston cheklab qo’yilgandi. Bu ochiqdan-ochiq kamsitish edi.

E’tibor qiling, Fayzulla Xo’jaev, Sulton Segizbaev, Akmal Ikromov, Usmon Yusupov, Sharof Rashidov, Inomjon Usmonxo’jaev, Rafiq Nishonov va nihoyat Islom Karimov kabi birinchi o’ringa chiqqan, kommunistik partiya etishtirgan kadrlar Zarafshon, Farg’ona vodiylaridan yoxud Toshkent mintaqasidan.

Agar birinchi lider Zarafshon vodiysidan bo’lsa, albatta yo Oliy Sovet yoki hukumat rahbari Farg’ona yo Toshkentdan bo’lardi. Shu yo’l bilan “muvozanat”ni saqlayapmiz, deyishardi. Qoraqlpog’istonga Oliy sovet raisining o’rinbosari va Xorazmga Hukumat tarkibidan bitta -Bosh vazirning madaniyat bo’yicha o’rinbosari yoki Sog’liqni saqlash vazirligi kabi-joy ajratilardi.

Ana shu narsa odamlarning ham ruhiga, ham qoniga singgan va o’ziga xos bir mahalliychilk ko’rinishga aylangandi. Buni 1991 yilgi saylovlar natijasidan ham ko’rsa bo’ladi. O’shanda Xorazmda Islom Karimov juda oz ovoz olgandi va ovozlarning aksariyati raqibiga ketgandi.

Sovet davridagi zehniyat mustaqillik davrida yo’q bo’lish o’rniga yanada kuchaydi va endi kadrlar sohasida ham “samarqandliklar”, “toshkentliklar” va “farg’onaliklar” degan tushunchalar paydo bo’ldi. Islom Karimov eski “muvozanat”ga sodiq va kadrlar tarkibini shunga rioya qilgan holda tuzmoqda. Boshqaruvning bir nuqtasini toshkentliklarga va yana bir nuqtasini farg’onaliklarga bersa, Xorazm va Qoraqalpog’istonni eski o’rinlaridan qo’zg’atmadi. Parlament saylovi natijalari ham buning bir misoli.

Aslida bu narsa talabalar yotoqxonalaridan tortib jurnalistlar, olimlar davrasiga qadar singib ketgan va bugun ham ayni holni ochiq kuzatish mumkin. Masalan, xorazmlik jurnalistlar ochiqdan-ochiq toshkentlik “lider”ni inkor etgan holda, xorazmlik “lider”ni qo’llab quvvatlasalar, uni haqiqiy lider, deb taqdim etsalar, (garchi aksi bo’lsada), toshkentlik qalamkashlar esa toshkentlik “lider”ni oldinga surishga intiladilar. Ayni holni samarqandliklar va farg’onaliklar madhiyalarida ham ko’rish qiyin emas. Bu esa nafaqat jamiyatning balki zehniyatning ham halokatidir.

Shu hol davom etsa, hokimiyat yana “samarqandliklar”, “toshkentliklar” va “farg’onaliklar” o’rtasida taqsim bo’laveradi. Ular Sovet davrida kelisha olganlar, mustaqillik davrida ham murosaga bordilar va bundan keyin ham bu qolipni buzish mushkul bo’ladi. Chunki bolalikdan shu ruhda etishtirildilar va bir qashqadaryolik yoki samarqandlik qoraqalpog’istonlik haqiqiy demokratga emas, balki o’z elidan chiqqan diktator zolimga ovoz berishi bugunning haqiqatidir.

Shuning uchun ham hozirgi sharoitda bir qoraqalpoq yoki bir xorazmlik nomzod faqat ana shu mintaqalardagina g’olib chiqishi mumkin.  Negaki, zarafshonliklar xorazmlik yoki farg’onalikni tanlash majburiyatida qolsalar ular farg’onalikka ovoz beradilar. Bugun  demokratiya tomonida bo’lganlar ana shu ziddiyatni kuchaytirmasdan uni yo’qotish haqida o’ylashlari kerak.

O’zbek jamiyatidagi bunday illatli omilni hisobga olmaganlar mag’lubiyat maydonida qolaveradilar. G’olib chiqish esa  ana shu “muvozanatni” buzishdir. Uni shu “muvozanat”ning kuchli bo’lgan tomonidan yetishgan demokrat liderlargina buza oladilar.

 Bizni bizdan ko’ra yaxshi biladilar

SAVOL: Prezident Karimovning O’rta Osiyodagi qo’shni davlatlarga sovuq munosabati, O’zbek- Qozoq munosabatlarining keskinlashuvi, Tojikistonda millatchilikning avjiga chiqishi bu yutuqli qartalar albatta qachondir Rossiya tomonidan o’yinga kiritilishi shubhasiz. Agar O’rta Osiyoni demokratlashtirish uchun qadam bosilsa (AQSh yoki BMT tomonidan), Rossiya bu qartalardan foydalanib notinchlikni keltirib chiqarib, yana Tojikistondagi mash’um 90-yillarni boshimizga solish ehtimoli haqida nima deysiz? (Bahrom, 2005 yil)

JAVOB: Bunday ehtimol har qachon bo’lgan va bundan keyin ham bo’ladi. Rossiya O’rta Osiyodagi hukmronligini yo’qotmasik uchun har qanday ishga boradi. Shunday sharoit tug’ilganda Rossiya yana o’zimiznikilarni ishga soladi. Rossiyaning Turkistonni ishg’ol qilishi va Lenin inqilobining ildizlariga qarasangiz o’zimizdan chiqqan manfaatparastlarning “taklifi”, murojaatlari, o’yinga moyilliklari bilan qonli yurishlar kelib chiqqan.

Lekin gap xalqda va uni boshqaradigan kuchlarda.

Biznikilar hali ham Rossiyaning ta’sirida. Mana 15 yildirki  o’z xalqi bilan o’z tilida gaplashishni eplay olishmadi. Aks holda butun xabarlar, bayonotlar, bahslar asosan rus tilida bo’layotgani nimadan darak? Bu qo’pol bo’lsa ham ruslarning oldida echinib, o’zining butun qusurlarini namoyish etishdek gap.

Biz avval o’z masalalarimizni o’z tilimizda gaplashish va shu tilni tushunadigan oddiy xalqqa etkazishni o’rganmas ekanmiz, bir narsani umid qilish mushkul. Ruslar istagan paytda bizni urishtirib qo’yaveradilar. Chunki ular bizni bizdan yaxshi bilishlari uchun o’zimiz sharoit qilib bermoqdamiz.

Men ruslar bilan munosabatlarni butunlay uzib tashlash kerak, degan fikrdan yiroqdaman. Munosabatni mustaqil holda, sir boy bermay yuritmoq kerak. Boltiqbo’yi jumhuriyatlari birinchilardan bo’lib to’la mustaqillika erishganlari ortida ularning o’z muammolarini o’z tillarida muhokama qilishni bilganlari yotadi. Ularning davrasiga ruslarning kirishi qiyin bo’ldi. Biznikilar esa o’zlari ruslarning davrasiga kirib, tomosha ko’rsatmoqdalar. Bu esa zehniyatning o’zgarmay qolayotganini ko’rsatadi.

Rus tilida gaplashish va yozish biz uchun qulay bo’lgan muddatda ular chizgan yo’ldan chiqish oson bo’lmaydi.

Bugun O’zbekistonda yana odamlar bolalarini rus maktablariga bermoqdalar, Karimov rejimiga qarshi yozilgan narsalarni o’qish uchun qaytadan rus tiliga bosh urmoqdalar.Bunday sharoitda ruslar qon to’kmasdan ham boshqarishni bajaradilar, xuddi bugungi kabi.

Abadiy dushmanlik

SAVOL: Shu kunlarda Markaziy Osiyo davlatlari munosabatlaridagi cho’g’ga yog’ sepilgani ko’rinib qoldi. Hukumat rahbarlarining shaxsiy manfaatlari to’qnashuvidan nafaqat xalq aziyat chekyapti, balki ming yillik tarixga ega qondoshlik munosabatlariga barham berilyapti. Siz buni qanday izohlaysiz? Masalaning ildizi nimalarga borib taqaladi deb hisoblaysiz? (O’zbek yigiti).

JAVOB: Masalaning ildizi, kelib chiqish omillari haqida ilgari ko’p yozgan va ogohlikka chaqirgan edik. Ming afsuski, quloq soladigan topilmadi va bugun qo’rqqanimiz, taxmin qilganimiz boshimizga tushib turibdi. Aka-ukani bir-biriga dushman qildilar.

Bugunga kelib, qozoq o’zbekni qul qilib ishlatgani, qul qilib sotayotganidan xursand, chegarada o’zbekni otayotganidan mamnun. O’zbek esa sarhad hatlagan tojikni o’qqa tutishdan chekinmaydi, turkman bo’lsa o’zbekni tahqirlashdan qoniqish his qilmoqda, qirg’izu o’zbekning orasiga qonli devor solingan va hokazo. Bu dahshat!

Bu Turonzamin xalqini, turkistonliklarni, ildizi bir bo’lgan qondoshlarni jaholatga qaytarishdir. Amirlik va xonliklar asoratidan keyin Lenin-Stalin chizib bergan chegaralar ichida manqurtlikka tomon sudraganlarini bilib-ko’rib turib boraverdik, boraverdik…

Mustaqillik taxtiga o’tirgan leninchi va stalinchi rahbarlarning tilda “abadiy do’stlik” deya amalda “abadiy dushmanlik” siyosatiga aldandik, aldanmoqdamiz.

Keljaklari porloq emas

SAVOL: Keyingi kunlarda yana Karimovning kasalligi va Almatov bilan Inoyatov orasida prezidentlik uchun kurash borayotgani haqida mish-mishlar tarqaldi. Bunga nima deysiz? (Xurshid, 2005 yil, 12 Yanvar).

JAVOB: Mening ham shunday yozuvlarga ko’zim tushdi va har yili qishda takrorlanadigan hol, deya indamay qo’ymoqchi edim.  Lekin haqiqatdan ham Karimov Almatovu Inoyatov orasida “dushmanlik” yaratib qo’ygan va bu bir necha yillik gap. Faqat ular emas, boshqa rahbarlar orasida ham shunday “dushmanchilik” mavjud.

Ikki “pahlavon”ning prezidenlikka ishtiyoqlari bo’lishi mumkin, ammo buni chin yurakdan istab, buning uchun kurashga kirmaydilar. Chunki xalq ichidagi norozilik, iqtisodiy tanglik, o’zlariga nisbatan yaralgan nafrat kabi o’ta jiddiy muammolarni hammadan ko’p ular biladilar. Inoyatov IIV menga qarshi xalqni ko’tarishi mumkin, deb o’ylasa, Almatov MXXdan qo’rqadi va hokazo. Buning ustiga har ikki tashkilotning ichida ham keyingi paytda norozilik kayfiyatlari kuchaygan. Bu esa ularda o’z idoralariga nisbatan ham xavfsirashni paydo qilishi turgan gap.

Endi ularni “maydonga” olib chiqish maqsadida yozilgan yozuvlarga kelsak, bu ko’proq prezidentlikka “tayyor turgan” shaxs uchun foydali. Chunki Almatov va Inoyatov unga tobe emaslar va aksincha uning har bir odimini nazorat qilib, Karimovga bildirib turadilar.

Karimovdan keyin u prezident bo’ladigan bo’lsa, darhol “pahlavon”larni ishdan olib tashlay olmaydi. Bu mamlakatdagi vaziyatni izdan chiqarib yuborishi mumkin, deb o’ylaydi.

Shu bois hozirdan harakat qilib, ularni  Karimovning qo’li bilan “yangilash”ga muvaffaq bo’lsa, keyin ishi osonlashadi. Har holda vaziyat shunga qarab ketmoqda.

Ayni paytda Karimov boshqa birovlarga ham o’z o’rnini va’da qilib qo’ygan va ular ham zimdan poygada qatnashayotgan bo’lishlari mumkin.

Xullas, nima bo’lganda ham Almatov va Inoyatovning kelajagi prezident bo’ladigan darajada “porloq” emas.

Ko’ngil ishi

SAVOL: Men Erkin Vohidovning ijodini o’ta hurmat qilaman. Haqiqatda uning adabiy iqtidoriga qoyilman. Ammo sizning asarlaringizdan uning salbiy jihatlarini o’qish men uchun juda og’ir bo’layapti. O’qimasam bo’lar ekan, deb afsuslangan paytlarim ham bo’layapti (asarlarning tegishli qismini xolos).Men uchun aslida bu insonning shaxsiy hayoti qiziq emas edi. Men uning ijodidan bahra olib yurar edim. Endi esa… Bu insonning ijodi uni o’zbek adabiyoti tarixiga qo’shishga arzimaydimi? Faqat siyosiy hayot bilan hamnafas ijodkorlargina haqiqiy ijodkormi? Muhabbat kuychilarichi? (Bahrom).

JAVOB: Kimning haqiqiy ijodkor yoki kimning haqiqiy emasligini men belgilay olmayman. Bunday qudratim yo’q. Kecha belgilovchi Sovetlar edi, bugun esa Karimov. Balki bir kun xalq ham belgilaydigan kun kelar.

Bugun u kishining O’zbek-Sovet adabiyoti va mustaqillik davri O’zbek-saroy adabiyotida katta o’rinlari bor. Bu o’rinni kommunistik rejim bilan diktatorlik rejimi bergan.

Bir paytlar Erkin akadan Volodya Ulyanov haqidagi dostonlari va “Bayroqdor kommunistlar” kabi asarlari haqida so’raganimda,  u kishi:

-Jahongirjon, bu qadar ham qattiq bo’lmang, axir Cho’lponning ham “Kolxozchilarga”, Usmon Nosirning “Komsomolga”, G’afur G’ulomning  “Men yahudiyman”, Hamid Olimjonning “Rossiya, Rossiya mening vatanim” degan asarlari ham bo’lgan…,-deb javob qilgandilar.

Ko’rdingizmi, u kishing mantig’i bo’yicha bu jamiyatimizning bus-butun fojiasi. Ertaga bir kun yana bir shoir bu safga endi Erkin Vohidov va Abdulla Oripovlarning Karimovga bag’ishlab yozganlarini misol qilib qo’shgan holda kabi savol berganlarni men mot qiladi. Shu zayl adabiyot ham o’z yo’lida, xalq ham o’z yo’lida, qattol rejim ham o’z yo’lida davom etaveradi.

Muhabbat kuychisi sifatida Erkin Vohidov kimlarningdir ko’nglidan joy topishi tabiiy. Buning hech ajablanadigan joyi yo’q.  Bu ko’ngil ishi, qo’tir ham sig’adi, cho’tir ham deydilar. Bugun adabiyot shunday bo’lib qoldi.

Mafiya

SAVOL: O’zbekistondagi hozirgi ijtimoiy-iqtisodiy-siyosiy ahvolda mafiyaning roli va o’rni qanday? (Salim, G’ofur misolida) Ular siyosiy ta’sirga egami? Ularning kelajaklari haqida nima deya olasiz? (O’zbek yigiti).

JAVOB: O’zbekiston to’laligicha mafiyaning qo’lida ekanligini va bu mafiya mustaqillikdan avval tashqaridan turib boshqargan bo’lsa, mustaqillikdan keyin hukumatni to’la qo’lga olganini hech kim inkor eta olmaydi.

Xalqning butun huquqlari qo’lidan olingan bo’lsa, hamma ish pora evaziga bitadigan qilib qo’yilsa, istagan odamini o’ldirsa va istaganini qamasa, nimani xoxlasa shuni qilsa…buning oti nima? Tabiiyki, mafiya!

Bunday sharoitda Salim, G’ofur, Eshmat, Toshmat va boshqalarning jamiyatni boshqarishda, unga ta’sir qilishda hech qanday roli bo’lmaydi. Ular katta mafiya chizib bergan yo’ldan chiqmaydilar. Katta mafiyaning kichik, juda kichik mexanizmlari sifatida qolaveradilar. Agar belgilab qo’yilgan yo’ldan chiqadigan bo’lsalar, darhol “razborka”ga tortiladilar va mafiyaboshi tomonidan hukmlari o’qiladi.

Taklif

SAVOL: Islom Karimovni doim tanqid qilasiz, lekin taklif aytmaysiz, xo’sh nima qilish kerak, qani birorta taklif aytingchi? Nima qilgan bo’lardingiz? Taklifingiz bormi o’zi? (Rustam).

JAVOB: Juda ko’p takliflarim bor. Mana faqat bittasi:

-darhol mamlakatni kompyuterlashtirish vazirligi tuzardim va vazirga bosh vazirning birinchi o’rinbosari maqomini berardim:

-chet eldan kelayotgan barcha yordam, qarzlarni va O’zbekiston oltinlarining foydasini shu sohaga tashlagan holda kompyuter sinflari, kurslari, maktablari ochadigan barcha kishilarga, bu sohaga kerakli korxonalar quradigan mutaxassislarga uzoq muddat foizdan ozod qarz berishni yo’lga qo’yardim;

-chet ellarda yurgan barcha yoshlarga qaytib bu harakatga kirishishlari uchun imtiyozlar yaratardim;

-zarbof to’nni to’g’ri kelganga kiygizmasdan dunyodagi kuchli, gigant kompyuter va texnologiya kompaniyalarining rahbarlarini mamlakatga taklif etib, ularga faxriy fuqarolik bergan holda yotirimlari va faoliyatlarini besh yilga soliqdan ozod qilardim;

-ular o’z kompaniyalarini ko’chirib kelgan taqdirlarida 10 yilga soliqdan ozod etardim;

-qo’shma korxonalar tuzganlarida ham katta qulayliklarga ega bo’lishlari uchun yo’l ochardim;

-maktablar, oliy oquv yurtlarida kompyuter darslari o’tilishini dasturlarga kiritar edim;

-qisqa paytda bu borada barcha qonuniy kafolatlarni yaratgan holda millatning kompyuter savodxonligini dunyoning eng ilg’or mamlakatlari darajasiga ko’tarib, juda ko’p ish joylari yaratish bilan birga mamlakatning qudratini oshirgan bo’lardim;

-o’zim ham bu ishdan uzoq turmagan holda dastlabki yil haftada bir marta, keyingi yil oyda ikki marta va uchinchi yil oyda bir marta Internetda bu soha bilan shug’ullanayotganlarning savollariga javob berardim, ularning muammolari, yo’llariga to’siq bo’layotgan qiyinchiliklar bilan shug’ullanar edim, bu soha muammolari matbuot markazida turishi uchun ham imkon qidirardim….

Bu juda qisqa paytda katta samara beradigan yo’ldir. Lekin bu demokratiya va erkinliklarga yo’l ochgani bois Karimov bunga qo’l urishga qo’rqadi.

To’g’ri gap

SAVOL: Ko’p yozgan asarlaringizda Islom Karimov nomi kerakdan ortiq  ishlatilgan. Bu ba’zi odamlarning Jahongir Mamatovning shaxsiy alami bor, deb o’ylash uchun sabab bo’lmoqda. Shunga nima deysiz? (Bir do’st).

JAVOB: Juda tanish ibora. Rejim maddohlari takrorlab kelayotgan gap bu! Lekin to’g’ri gap.

Ha, Islom Karimovda shaxsiy alamim bor. Chunki u mening xalqim, mening millatim, mening vatanimni oyoq osti qildi, xor etdi, istiqlol yo’lidan qashshoqlik botqog’iga itqitdi.

Son-sanoqsiz onaizorlarim nafaqat qozog’-u qirg’izning, o’rusu-arabning ostonasida balki butun dunyo bo’ylab cho’riga aylandilar, mardikor bo’ldilar.

Ming-minglab akalarim bir burda non ilinjida boshini ko’tara olmaydigan darajaga tushirildilar.

Millionlab dilbar singillarim va mard ukalarimning kelajagi yer bilan yakson qilindi.

Ijodkor, ziyoli do’stlarim gadoylik ko’yiga solindilar.

Shunday ekan, qanday qilib mening shaxsiy alamim bo’lmasin!

Matbuot laganbardorlarning minbariga, partiyalar “paxta qo’yuvchi”larning gashtak-gapiga, saylov diktatorning siyloviga, demokratiya esa uning o’yiniga aylantirildi, haq deganlar qamoqda, rost so’z aytganlar quvg’inda va shunda ham Islom Karimovda alami bo’lmagan odamning hislari o’lgan, orzulari bitgan, o’zligi bichilgandir!

Majburiyat

SAVOL: Islom Karimov nomini ko’p eslatmay, ko’proq O’zbekistonda totalitar tuzum o’rnatilgani, hukumatning O’zbekiston xalqiga qarshi siyosat olib borganligi haqida, deb ibora ishlatilsa, bunga nima deysiz?  (Abdunabi).

JAVOB: 1990 yillar boshida odamlarning loqaydligidan hafsalasi pir bo’lgan taniqli adib Zohir A’lam “Biz jonimizni jabborga tikib, shuncha turtsak ham uyg’onishmadi. Balki endi diktatordan orqalariga tepki yeb uyg’onishar!” degan edi. Diktatorning tepkisi ham aksariyatni uyg’ota olmadi. Uyg’oqlar hali ham uyg’oq, uxlaganlar hali ham mudroq.

Siz yozganlarimni o’qib chiqing. Bu borada juda ko’p to’xtalganman. O’tgan yillarda Karimovni fosh etish bilan birga, o’zini unga muxolifman deb yurganlarning ba’zilarini umumiy gapdan nariga o’tmay mavhum hukumatni, mavhum rejimni  siypalab qo’yayotganlari uchun tanqid qilib keldim. Siz endi Karimov nomini eslatmaslikni taklif qilayapsiz.

Bugunga qadar diktatura nima ekanligini tushuntirish uchun intildim. Lekin mana siz ham hali diktatura nima ekanligini idrok etmabsiz. Chap va o’ng qulog’ingiz bilan eshitib oling, O’zbekistonda diktatura bu-shaxsning ko’pchilik ustidan diktati, hukmronligidir. Bu shaxs esa Islom Karimovdir. Shunday ekan, istaysizmi istamaysizmi, uning nomini takror va takror aytishimizga to’g’ri keladi.

Adashgan elmiz!

SAVOL: Sizning tarafdorlaringiz va do’stlaringiz Islom Karimov yaratgan sistemasi xuddi ajdardek ko’p boshli  ekanligini bilishlari kerak. Shunday ekan, Islom Karimovga qarshi emas, bu yerda to’liq siyosiy sistemaga qarshi kurashish kerak ekanligini bilmaysizlarmi? (Bir do’st).

JAVOB: Ha, bu rejim-ajdar. Ammo siz aytgan kabi ko’p kallalik emas, bir kallalik ajdardir. Bir boshi kesilgandan keyin ikkinchi kalla o’sib chiqadigan ajdar, balki?! Ammo keyingisi Islom Karimov bo’la olmaydi. Chunki bu shaxsiyat, fenomen bilan bog’liq. Karimov atrofida o’ziga o’xshagan shaxs, fenomen yo’q. (Xudoga shukur!) Bugun O’zbekistondagi to’liq siyosiy sistemaning oti Islom Karimovdir.

Diktatorlar o’z atroflarida hezalaklarni to’playdilar, shu bois ham ulardan keyin harqanday davlat, har qanday tuzum, har qanday imperiya emriladi.

Bugun butun mamlakatning matbuoti Karimovga maddohlik qilish minbariga aylantirilgan, hatto bog’chadagi bolaga ham Karimov degan so’z yodlatilmoqda.

Maktablarda, oliygohlarda unga, uning kimlardir yozib bergan “asarlari”ga sig’inish darslari o’tilmoqda.

Chetda ham ba’zan maddohlar topilmoqda.

Shunday kezda qo’ying endi hech bo’lmasa biz uning qilmishlarini o’z nomi bilan aytib turaylik. Ummondan qatra bo’lgan bu hol magar sizga ko’p tuyulayotgan bo’lsa, demak,

Maqtovdan ko’zlari qamashgan elmiz,

Kunduz ham yo’lidan adashgan elmiz!

“Sharq demokratiyasi”

SAVOL: “Sharq demokratiyasi” degan tushuncha asli bormi yoki bu ham manfaatlar uchun o’ylab chiqarilganmi? Sizningcha O’zbekistondagi va AQSh dagi demokratiya bir xil bo’ladimi? (Bahrom).

JAVOB: “Demokratiya” degani bu lotinchadan tarjima qilganda “Xalq boshqaruvi” deganidir. Agar kimdir demokratiyaning “Sharq usuli” deb gapirayotgan bo’lsa, demak u xalq boshqaruvini inkor etib, diktaturani targ’ib etmoqda.

Inkor etib bo’lmaydigan bir haqiqat bor. Demokratiyaning kamchiliklari ko’p, ammo bugun mavjud rejimlar orasida inson manfaatlariga eng yaqini shu.

Demak, nima uchun mavjudlari orasida eng mukammalrog’i bo’lganini inkor etib, boshqa narsani tavsiya qilishmoqda?

“Qurt egan olma shirin bo’ladi”, degan ahmoqona gap bor. Vaholanki  do’konga borgan biror kishi haliga qadar yaxshi olmalarni chetlab ayni pulga qurt egan olmani olgan emas. Aslida yuqoridagi gap “Olmaning yaxshisiga qurt tushadi” degan iborani hamma olmani o’zi eyishni mo’ljallagan bittasi o’zgartirgan varianti bo’lsa ne ajab?! Ya’ni demokratiya va “Sharq demokratiyasi” degani kabi.

Qonunlar oldida hammaning tengligi, inson huquqlari, saylov, so’z erkinligi, mitinglar, ko’cha yurishlari kafolatlanishi, mulk daxlsizligi,  adolat ustivorligi va shu kabi boshqa qadriyatlarning G’arbga yoki Sharqqa xosligi, mosligi degan gap yo’q. Bular inson uchun! Hamma joyda inson insondir! Qaerdadir, kimdir insonni hayvon deb tushunsa, bu uning nuqsi, insonlarning emas.

G’arb demokratiyasi O’zbekistonga kirib kelsa otasini politsiyaga topshirishga tayyor bolalar chiqadi, kabi gaplarni Karimov ko’p takrorlaydi. Vaholanki, Sharqda minglab Abdulatiflar otasini politsiyaga topshirish, sud qilish u yoqda tursin to’g’ridan-to’g’ri o’ldirtirib yuborgan va o’ldirishmoqda.

O’zbekistonda mustaqillikning dastlabki o’n yilida oila jinoyatlari oldingi shu davrga nisbatan 67 foyizga o’sgan. Demak, otasi yoki onasini o’ldirganlar “Sharq demokratiyasi” paytida kamaymabdi.

O’zbekistondagi demokratiya AQShdagi bilan bir xil bo’ladimi, degan gapga esa qisqa qilib shunday javob berishim mumkin. Demokratiyaning aniq chizib qo’yilgan rasmi va qoidasi yo’q. Xalqning talabi, istagi uning rasmi va qoidasidir. Demak “Sharq demokratiyasi” deb ko’kragiga urayotganlar xalqni ana shu huquqdan mahrum qilib, demokratiyaning rasmini o’zlariga moslab chizmoqchilar.

Dehqonchasiga sodda qilib aytganda “Sharq demokratiyasi” mualliflari xalqqa “Siz o’zingiz istagan ovqatni emas, biz sizga beradigan narsani eysiz” deyishmoqda.

Bexatar matbuot

SAVOL: “Sariq” matbuotga keng yo’l ochib berilishi, alohida sport kanalining ochilishi odamlarni siyosatdan uzoqlashtirishning bir yo’limi? (Bahrom).

JAVOB: Oldingi savolingizga to’xtalish jarayonida qisman bo’lsada bunisiga ham javob berdim. Faqat shuni qo’shimcha qilmoqchimanki, “sariq” matbuotning diktaturaga tahlikasi yo’q. Agar tahlika keltirmasa, balki o’ziga zarracha foydasi tegsa, diktatura har qanday narsaga yo’l qo’yib beradi. Agar tahlika yaratadigan bo’lsa, bir zumda o’zining “jigari”dan ham voz kechib yuboraveradi. Bu diktaturaning muhim xususiyatlaridan biridir.

Saylov tahlika yaratadigan omil. “Sariq” matbuot esa dunyoga “Mana bizda mustaqil matbuot bor” deyish  va siz juda to’g’ri qayd etganingiz kabi odamlarning fikr “oshqozoni”ni “axlat” bilan to’ldirib turish uchun kerak.

Qolaversa, yana bir omilni unutmaslik kerak. Diktatura sharoitida emin-erkin valdiraydigan va “devori”ga yaqinlashib bo’lmaydigan mavzular bor. Sport va “sariq”  matbuot mavzulari siyosatdan uzoq va emin-erkin valdiraydigan sohalardir. Bu ham mazkur sohalarning bo’rtib, oldinga chiqishida qandaydir rol o’ynaydi.

Fohisha falsafasi

SAVOL: Ko’ngilochar telekanallar ochilishi, unda falonchi-pismadonchi kabi siyosiy sharhlovchilarning chiqishi yoshlarning ongiga “siyosat”ni singdirish emasmi? (BAHROM).

JAVOB: Diktatura sharoitida hayotning hamma sohasida bo’lgani kabi matbuotda ham yakka shaxslarning roli bo’lmaydi, ular hech narsaga qodir emaslar va  biror narsani o’zgartirish maqsadidan ham yiroq bo’ladilar. Chunki ularda maqsadning o’zi bo’lmaydi. Ho’kizlar bichib qo’yilgani kabi muhim nuqtalarda ishlovchi kishilarning ham maqsad tomirlari “kesilib”, ular manqurtga, diktaturaning quliga aylantiriladilar. Rejim yaxshi degan narsani yaxshi deydilar va rejim yomon ko’rgan narsani qoralaydilar.

Ularning oralarida “bichib” qo’yilganliklarini bilsalarda diktaturaga chin dildan, oshig’i bilan xizmat qilib beradiganlari bo’ladi. Bu xuddi ixtiyoriy fohishalikka, yana ham aniqroq aytganda fohisha falsafasiga o’xshab ketadi. Birov bilmasa kayfni surib, mukofotni olib yashab yuraveradilar, birov bilib qolsa, “zo’rlashdi” deyishadi.

Hali ko’rasiz, Karimovdan keyin uni birinchi bo’lib qoralaydiganlar shu rejimning fohishalari bo’ladilar. O’shanda ularga “mard bo’lsang, Karimov tirikligida gapingni nega aytmading” deyishganda fohisha falsafasini ishga soladilar.

Xullas, qandaydir shaxslar yoki kanallarning diktatura sharoitida ahamiyati yo’q. Rejim istasa hamma kanallarni ham bitta yo’lga xizmat qildiradi. Afsuslanarli jihati shundaki, bu rejimga astoydil xizmat qilayotganlar o’zliklarini anglamayotirlar, etaklarini yig’ishtirib olmayaptilar.

“Yashasin, Karimov!”

SAVOL: O’zbekiston atrofdagi mamlakatlarga ko’ra tabiiy va boshqa boyliklarga juda boy. Yo noto’g’rimi? Butun O’zbekistonda shiorlar turibdi: “Biz hech kimdan kam emasmiz va kam bo’lmaymiz”. Qanaqa qilib doktor bir oylik maoshiga – o’rtacha 25.000 so’mga bozor qilishi mumkin? Yuqorida ko’rsatilgan shiorga qarab meni kulgim keladi va qozoq yoki qirg’iz fuqarolaridan o’zimni kamsitilgan sezaman. Yashasin, Karimov! (Sardor).

JAVOB: Maktubingizning oxiridagi ikki so’z yuqoridagi ikki savolingizga qaysi ma’nodadir javob bo’la oladi. Darvoqe, haqiqatdan ham O’zbekiston Markaziy Osiyoda boyliklarga eng boy o’lka.

Lekin shior bilan qorin to’ymaydi. Shior ko’zboylog’ich, tafakkurni aldatuvchidir. Shu bois ayniqsa, diktatorlar shiorlarni juda sevadilar.

Doktorni misol keltiribsiz. Aslida o’qituvchi ham, injener ham, xullas, hamma hamma ham bir marta bozorga tushsa, bir oylik maoshidan ayriladi. Keyin kimdir och, kimdir to’q.

Karimov “tarixiy ahamiyatga molik” ishlar qilmoqda. Shulardan biri eng boy xalqni eng kambag’al xalqqa aylantirdi.

Lekin insofli ham bo’lishimiz kerak va uning boshqa ishlaridan ham ko’z yummasligimiz darkor. Masalan, ilgari bir miri ham puli bo’lmaganlardan bir qanchasini dunyoning eng boy odami qilib qo’ydi. Misolmi, marhamat: Gulnora Karimova…Agar prezidentning qizi bo’lmaganda Gulnora  bugun nari borsa, siz aytgan 25.000 ming so’mlik maoshga etishardi yoki Rossiyaga borib, mardikorlik qilib yurgan bo’lardi. Ammo uning millionlari emas, milliardlari bor. Siz aytgandek, “Yashasin Karimov!”

Ramzlar ramzi

SAVOL: Men davlatimiz ramzlari (bayroq, gerb, madhiya)ni qanday qabul qilingani haqida bilmoqchi edim.Eshitishimcha, bu katta bahslar bilan kechgan. Bu ramzlarning talqiniga sizning munosabatingiz qanday? (Bahrom).

JAVOB: Bu batafsil, ipidan-ignasiga qadar yoziladigan masala. Chunki, ortida gaplar juda ko’p. Hozir muxtasar javob qilmoqchiman.

Bayroq masalasida… 1990 yil 20 iyunda Mustaqillik deklaratsiyasi e’lon qilinganda Turkiston Muxtoriyatining bayrog’i ko’tarilgan edi. Ammo Karimov buni rad etdi. Amir Temur bayrog’ini qabul qilaylik, deganimizda ham bahona topdi va tarixda Karimovning bayrog’i qolishini istagani mana endi ayon bo’lib turibdi. Hozirgi bayroq qabul qilinishiga qarshi chiqqan edim. Yangi bayroq qabul qilish bu tariximizga hurmatsizlik, tariximizni tan olmaslik deb bilardim va hali ham shu fikrdaman. O’z tarixidan uzilgan xalq o’z kelajagini ham yo’qotadi.

Gerb masalasiga kelsak.. Uning muallifi ham Karimovning o’zi. Eski gerb tasvirini stolning ustiga qo’yib, mana bu erini bunday, ana u erini mana bunday ozgina o’zgartirib chizinglar, deganiga o’zim guvoh bo’lganman.

Madhiya so’zi haqida esa konkurs e’lon qilingan va Oliy Kengashning Primqul Qodirov raisi bo’lgan qo’mitasida juda ko’p variantlar muhokama qilingan edi. Lekin Karimov boshqalarnikini qaytarib tashlab, “Madhiyani taniqli bir odam yozishi kerak va oldingisining yo’lida bo’lsin” deganidan keyin Abdula Oripov hozir hammaga yodlatilgan madhiya so’zini yozgan va hatto sessiyada Karimov uni muhokama qilishimizga to’sqin bo’lgandi. Vaholanki juda ko’p mamlakatlarda madhiya so’zini oddiy odamlar ham yozishgan.

Variantlar

SAVOL: Karimovning qanday ketish yo’llari, variantlari  qoldi deb o’ylaysiz? (Fayzullo).

JAVOB: Umuman bu borada ilgari ham turli savollar bo’lgan va imkon qadar javob qilgan edim. Modomiki, siz ham savol bergan ekansiz va men ham savollarga javob beraman, degan ekanman, demak, yana urinib ko’ramiz.

Karimov uchun (qolaversa hamma uchun ham) Tangri qanday yo’l chizib qo’yganini bilish mumkin emas. Shuningdek, Karimovning o’z ko’nglida qanday yo’l yotganini bilish ham mushkul. Faqat taxmin qilish mumkin, ammo bu taxmin bo’lib qoladi.

Siz har holda mendan bugun dunyoda modaga aylangan “inqilob” variantlari haqida eshitmoqchi bo’lgan bo’lishingiz ham mumkin. Gurjiston, Ukraina  inqiloblari kabi variantlar bizda istisno. Bunday variantlarga Markaziy Osiyodagi qo’shnilarimiz yanada ochiqroq. Qachon ularda shunday inqilob yuz bersa, ulardan keyin O’zbekistonda ham bu haqda gapirish mumkin. Chunki bir paytlar O’zbekiston poezdning etakchi lokomotivi bo’lgan bo’lsa, bugun oxirgi vagonlaridan biri ekanligini unutmaylik.

Qolaversa, Gurjiston va Ukrainada muxolifat o’zagi boshqaruvning ichidan chiqqan va shu bois namoyishlar kuch bilan bostirilmadi. Bizda esa har qanday namoyishni ko’zini chirt yumib bostiradigan va “Kerak bo’lsa, tinchlik uchun 200 kishining boshini uzishga tayyor” rejim mavjud.

Ilgari Karimovning “ketish” variantlari ko’p edi. Ammo u yillar davomida asosiy diqqatini ana shu variantlarni yo’qotishga qaratdi va endi uch yo’l mavjud deb o’ylayman.

1.Bir kunmas-bir kun bandalikni bajo keltirib yoki keltirmay narigi dunyoga “ketib” qolishi mumkin. Bu qochib qutulinmas variant.

2.Vakolatlarini bir necha qismga bo’lib, o’zi asosiy “maslahatchi” sifatida qolishi mumkin. Bu mavhum variant.

3.O’z o’rniga kimnidir “tayinlashi” mumkin. Bu kutilmagan va mushkul variant.

Yana boshqa variantlar qolgan bo’lsa, siz aytsangiz, men jon-dilim bilan eshitishga va o’z munosabatimni yoki e’tirozimni bildirishga hozirman.

Mafiyani oqlash

SAVOL: Adabiyot, san’at va matbuotda keyingi yillarda mafiya rahbarlarini ideallashtirish paydo bo’lganiga nima deysiz? (Murod).

JAVOB: Bu Rossiyada va ayniqsa, O’zbekistonda yaqqol ko’zga tashlanmoqda. Odamlar nazdida mafiya tushunchasini o’zgartirishga urinish bo’lmoqda.

Aslida “Mafiya-jinoiy guruhlarning hukumat bilan birlashib ketgani” deganidir. Aytganingiz kabi O’zbekistonda turli mavjud muammolarni mafiyaga, lekin boshqa ma’no berilayotgan “mafiya”ga bog’lash an’anasini adabiyot, san’at va matbuotda ochiq kuzatmoqdamiz.

E’tibor bersangiz, bunda uch narsaga urg’u beriladi:

1.Mafiya sovet davridagi adolatsizliklar bois paydo bo’lgan;

2.Mafiyaning hukumatga aloqasi yo’q;

3.Bugungi adolatsizliklar hukumatga emas “mafiya”ga bog’liq, degan nuqtalardir.

Buning eng yorqin misoli sifatida bundan bir necha yil oldin yaratilgan “Shaytanat”ni eslash kifoyadir.

Ya’ni bu oqim adabiyotda Tohir Malikning “Shaytanat” asari va uni ekranlashtirish bilan boshlangan edi. Bu ancha muvaffaqiyat qozongandi.

Aslida “Shaytanat” kalimasi “Saltanat” kalimasiga hamohang paydo bo’lgan bo’lsada, asarda saltanat haqida asar ham yo’q. Unda Sovet rejimi davrida otasini qamaganlardan o’ch olish uchun mafiya rahbari bo’lgan “qahramon” haqida hikoya qilinar ekan, hukumatning yuqorisida o’tirganlarning mafiyaga aloqasi u yoqda tursin, hatto huquq-tartibot idoralarining mafiya bilan bog’liqligi ham yashirilgandi.

Buning ustiga bevosita KGB tomonidan uyushtirilgan Farg’ona voqealari ham mafiyaning elkasiga yuklanishi bugungi rejimning o’sha kezda hukumat tepasida o’tirgan rahbarlarini oqlashga qaratilgani ochiq ko’zga tashlangandi. Bunga masalan, o’shanda ajablanmagan va bu salbiy oqimni atroflicha yoritgan edim. Chunki asarni filmlashtirishda uning muharriri hukumat vakili Farhod Ro’ziev va bosh maslahatchisi Ichki Ishlar vaziri Zokir Almatov edi-da!

Bu bitta misol. Bunday misollar juda ko’payib ketdi. Xullas, mafiya butun boshqaruvni qo’lga olgandan keyin, jinoiy to’dalarning hukumat bilan aralashib ketgani haqida asar kutishning o’zi mantiqsizlikdir. Ular qanday qilib o’zlarini fosh qiluvchi asarlarga yo’l qo’yishsin, aksincha o’zlarini oqlashga qaratilgan asarlarni nafaqat rag’batlantiradilar, balki shunday  “asarlar”ni yarattiradilar.

Diplomatiya

SAVOL: O’zbekistonda diplomatiya korpusining vujudga kelishi Karimovning xizmati emasmi?(Qahramon).

JAVOB: Bilasizmi, bir kuni Afandi o’g’lini o’ynatib o’tirib:

-Seni yaratib ulug’ ish qildim, endi ko’nglim to’q, merosxo’rim bo’ladi,-debdi. Shunda xotini:

-Bu sizning emas,  mahalla oqsoqolining xizmati,-degan ekan. Afandi boshqacha tushunib, jahli chiqib xotiniga o’shqira boshlabdi, shunda xotini:

-Chunki uning 11 ta bolasi bor, ularni ko’rib men ham bolam bo’lsin, deb havas qilgandim, mana Xudo berdi,-debdi.

Bu bir latifa. Ammo hamma narsani “mahallaning oqsoqoliga” ham bog’layverish mumkin. Agar o’sha hamma narsa bo’lsa, ya’ni o’rtada tug’ilgan o’g’il bola bo’lsa.

“O’zbekiston diplomatiyasi” degan gap yo’q bugun. Sovet davridagidek diplomatiya surgun sahrosi. Bosh vazir o’rinbosarligidan ishdan ketsa elchi, vazir yoki vazir o’rinbosari lavozimidan olinsa elchi va hokazo…

Vaholanki butun dunyoda diplomatiya uchun o’qishadi, zinama-zina ko’tarilib borishadi va hukumatlar kelib ketaveradi, ammo diplomatlar qolaveradi.

Bizda-chi? Boshingizni qotirmasdan hali sirkasi to’kilmagan bir misol bilan fikrimni yakunlab qo’ya qolay.

Ismatilla Ergashev afg’onshunos bo’lgani holda 2001-2003 yillar Xitoyda elchi edi. Dunyoning eng katta mamlakatida elchi bo’lgan odamni Tashqi Ishlar vaziri o’rinbosari etib tayinlashni tushunish mumkin. Ammo 2004 yilning 7 Dekabrida uni o’rinbosarlikdan bo’shatib, Ozarbayjonga elchi qilib jo’natishdi. Dunyo diplomatiyasida buning teskarisi yuz beradi. Kichik bir mamlakatdan kattarog’iga va so’ngra  parlament rozilik bersa, vazir o’rinbosarligiga va hokazo.

Bunday o’ziga xos va o’ziga mos diplomatiyaning shakllanishida tabiiyki Islom Karimovning benihoya xizmatini rad etish haqiqatning ko’ziga cho’p, suqish demakdir.

Saroy o’yini

SAVOL: Shavkat Mirziyoev Karimovga ta’sir qila boshladi, deb yozmoqdasiz, ayni payta Karimovning diktator ekanligi, yakkahokimligini ham aytib kelayapsiz, bunday paytda unga qanday ta’sir qilish mumkin? Agar ta’sir qilish imkoni bo’lsa, Erkin Vohidov va Abdulla Oripovlar nega uni yaxshi tomonga burish uchun ta’sir qilmaydlar? (Umid).

JAVOB: Karimov bilan birga ishlagan kunlarimda uni ancha yaqindan taniganman. Balki hamma diktatorlarga ham turlicha ta’sir qilish yo’llari bordir, ammo Karimovning atrofida uyushgan odamlar uning jahlini chiqarish bilan ancha ishni bitiradilar.

Jumladan, siz o’qib turgan mana shu savol-javoblarni kirilga aylantirib, ba’zan esa ruschaga tarjima qilib, unga olib kirib, jahlini chiqarishda foydalanishar ekan.

Shuningdek, u yomon ko’radigan odamlar bilan bog’liq voqealar to’qiydilar, uyushtiradilar va uning jahlini chiqaradilar. Jahli chiqqanda Karimovning ko’zi qonga to’ladi va ko’p narsaga xo’p, deb yuboradi. Bu bitta yo’li.

Ikkinchisi esa, Karimov bilan har kuni ko’rishadigan besh-olti kishining manfaati kimnidir yo’qotish masalasida birlashsa o’sha odamning uyi xonavayron bo’lishi turgan gap.

Masalan, ertalab MXX hisobotiga ikki satr qo’shiladi: “Falonchining Amerikada katta biznesi bor”.

Karimov bu o’zi oralarini buzib qo’ygan falonchi va pismadonchi o’rtasidagi shunchaki gap, deb e’tibor qilmaydi. Keyin IIVning hisobotini o’qiydi. Unda ham shunday bir gap va bir-ikki fakt ham bor. Yana e’tibor qilmaydi. Ko’p o’tmay maslahatchilardan biri kiradi va shu borada shikoyatni qistirib o’tadi.

Endi Karimov masalaga qiziqa boshlaydi. Tushdan keyin Bosh vazir kelib, o’tga kerosin sepadi. Shundan keyin Karimov falonchiga baqiradi, u yig’lab yolvoradi, sodiqligini aytadi va nihoyat o’ldirsangiz ham roziman, deydi. Bu orada falonchining boshqa harakatlari haqida ham tayyorlab qo’yilgan hujjatlar Karimovning stoli ustida paydo bo’ladi. Gulnoraning shikoyatlarini ham Tatyana Akbarovna eriga aytgan bo’ladi. Qarabsizki falonchi ishdan ketdi.

Bu saroy o’yinlaridan faqat bittasining ehtimoli.

Xudoga ishonmoq

SAVOL: Televizorda Xurshid Do’stmuhammad chiqib, xalqaro tashkilotlar O’zbekistonga kirib qonunga xilof ravishda ishlar  qilmoqda, deb jar soldi. Ya’ni ular platformalaridan tashqari ishlar qilishmoqda. Shuni uchun ham biz ularni ishini to’xtatishimiz kerak, O’zbekistonga kiritmasligimiz va shunga o’xshash gaplar, dedi. Biz qonunga xilof ish qilmayotgan emasmikanmiz?

Bir do’stimiz Koreyada hayot kechiradi. Koreyslarni O’zbekiston bilan tijorat va hamkorlikka chaqirsa, ular o’ylanib qolishar ekan. Chunki do’stimiz aytadi: bizni siyosat biznesga ham aralashgani chakkida. Shu yerda savol tug’iladi: Nima qilmoq kerak?

Bu yerdagi savol-javoblar juda qiziqarli, kezi kelganda dolzarb muammolar yoritiladi. Yaqinda bir kitob o’qib qoldim. Nomi “Dinda savolim bor…” degan. Unda bir inson savol berganki, nima uchun nasorolar va ular davlati rivojlanadi-yu, biz musulmonlar va o’lkalar ulardan orqada qoladi, ya’ni rivojlanish tushunilmoqda. Shunda javob shunday bo’lgan, taxminan: Agar musulmonlar o’z dinlarida mustahkam tursalar, nasarolardan o’zish mumkin ekan. Biz ularni dinidagi amallarni qilamizu, nimaga ular bizni dindagi amallarni qilishmaydi? Manimcha, masala shu yerda bo’lsa kerak. Tug’ilgan kun, yangi yil, sevgi kuni va hakazo. Bu narsalar bizga yot narsa emasmi?

Nima uchun ular dinida mahkam, biz esa ularga va yoshlarimiz Evropaga taqlid qilishadi? Qissadan hissa shulki, Xudodan ham astoydil so’rash kerakmi, deb o’ylayman. O’ylash desam, sal xatoroq bo’lar, ta’kidlayman desam mubolag’a bo’lmaydi.

Xalqimizni, yurtimizni, kelajagimizni farovon bo’lishligini ham so’ramasak, ming harakat qilganimiz bilan Alloh o’zi yorlaqamasa qiyin ekan. Alloh ta’olo aytadi, “So’radingmi, bermadimmi?” Ixlos, iymon bilan so’rasak manimcha hammasi yaxshi bo’ladi, degan umiddaman. Bu masalada sizni fikr va mulohazalaringiz. (Yorqin).

JAVOB: Menimcha juda ko’p savollarga o’zingiz javob bergansiz.

Xurshid Do’stmuhammad qayta qurish va oshkoralik yillarida bu gaplarining aksini aytar edi. Hali Karimov rejimi o’zgarsa yana o’z “holiga” qaytishi turgan gap. Bu aksariyat o’zbek yozuvchi va shoirlariga, jurnalistlariga qo’ndoqda tekkan kasal. Masalan, Odil Yoqubov Gorbachev paytida erkinlikdan yonar edi, keyin Karimovni ulug’ladi, sahifa-sahifa maqtovlar yozdi, ammo Karimovning ko’nglini topa olmadi,  qaysi kun radioda yana erkinlik haqida gapirayotgan edi, Qahramon unvonini berishganda kimlar uchundir mustaqillikdan keyin erkin “so’z mash’ali” bo’lgan Ozod Sharofiddinovdek yana zulm kuychisiga aylanishi ham hech gap emas edi. Yana kim bilsin, ular bizdan tajribali, bizdan talantli va bizdan ko’proq “ko’ylak yirtishgan”?

Endi “Agar musulmonlar o’z dinlarida mustahkam tursalar, nasarolardan o’zish mumkin ekan…” degan gapga kelsak, bu ham xuddi yuqoridagi kabi ko’p tomonlama gap. Masalan, shu gapdan shunday xulosa ham kelib chiqishi mumkin, demak musulmonlar necha-necha asrdan beri dinlarida mahkam turmabdilar, Xudodan astoydil, ixlos-iymon bilan so’ramabdilar, degan. Yoki vaqtni faqat so’rash bilan o’tkazib, Xudo bergan aql va idrokni ishlatmay qo’ydilarmikan? Xullas, gap dinlardami yoki odamlardami? Ko’rdingizmi savollar bitmaydi.

Bunday savollarga javob qidirib yurguncha, manimcha, Xudoga sidqidildan ishongan va Uning o’zigagina tavakkal qilgan yutadi!

“Ko’rpangga qarab oyoq uzat”

SAVOL: Dunyoda ko’pgina davlatlarda demografik cheklashlar mavjud (Xitoy, Hindiston va hokazo) va bu hech qanday e’tirozga sabab bo’lolmaydi, menimcha. Ammo O’zbekistonda tug’ilishni cheklash siyosati nimalar bilan bog’liq? Yoki bu hukumatni o’zining iqtisodiy siyosatda noqobilligini (makroekonomika bundan mustasno) xaspo’shlashi-mi? Albatta, ko’pchilik bu haqda gap ketganda, darrov “Ko’rpanga qarab oyoq uzat” iborasini eslatadi. Bundan tashqari farzandlar soni oilaning moddiy ahvoli bilan ham bog’liq va buni davlatsiz ham ko’p oilalar tushunib, oshib borsa ikkita farzand etarli, deb hisoblamoqdalar. Ammo demografik cheklashning asosiy sababi shu kabilar, deb o’ylaysizmi? Umuman demografik o’sishning strategik ahamiyati bormi (O’zbekiston uchun)? Agar bor, deb hisoblasangiz, qaysilar hamda demografik o’sishni ta’minlash uchun tug’ilishni targ’ib qilish shartmi? (Zokirjon).

JAVOB: Ancha murakkab savol. Chunki bu masala nafaqat har bir mamlakatning ichki vaziyatidan, balki har bir oilaning ham ahvolidan kelib chiqadigan narsa. Xitoyda bola tug’ilishini cheklash milliy siyosatning eng dolzarb qismiga aylangan bo’lsa, Rossiyada ko’p bolalikni targ’ib qilish Sovet davridagidan uch baravar oshirildi.

O’zbekistonda davlat miqyosida olib ko’radigan bo’lsak, ko’p bolalikni targ’ib qilish mamlakatning yaqin kelajagi uchun strategik ahamiyat kasb etishi mumkin, ammo hukumatning bugungi vaziyati uchun turli muammolar yaratadi. Yakkahokimlik, markazlashtirilgan hukumat sharoitida xalq muammolar girdobida qoladi va buni tabiiyki hukumatga bog’laydi. Shunday ekan, aholi qancha oshsa avtoritar hukumatning bosh og’rig’i ham shuncha oshadi. Bugungi cheklovlarning bir sababi ana shundan kelib chiqadi.

Aslida oilada bolalarning ko’p yoki oz bo’lishi bu iqtisodiy vaziyat bilan ham bog’liq emas. Masalan, rivojlangan davlatlarda boylar va iqtisodiy jihatdan o’zini tutib olgan o’rta sinf oilalarida ko’pi bilan uch yoki to’rt, bo’lmasa bir yoki ikki bola bo’ladi. Ammo hali o’rta sinf darajasiga etmagan oilalarda esa bolalar soni juda ko’p.

Dunyoni boshqarishda kuchli ta’sirga ega bo’lgan bir necha xalq bor va ularning demografik ahvoliga nazar solsangiz oilada bir yoki ikki bolasi bo’ladi. Butun diqqatni ana shu bolalarni mukammal qilib etishtirishga urinadilar.

Bir qancha musulmon mamlakatlarida esa, bola qancha ko’p bo’lsa shuncha yaxshi degan aqidaga amal qilinadi. Ammo bu mamlakatlarda quldorlik, diktatorlik hukm surmoqda va yoshlar ko’payib ketib, ish etmasligi yirik ijtimoiy muammolarni keltirib chiqarmoqda. Ishsiz yoshlarni jinoiy maqsadlarda qo’llanish ham ana shundan kelib chiqayotir.

Ko’rdingizmi, bu masalaning aniq bir javobi yoki aniq bir yo’li yo’q. Menga qolsa bu masalaga hukumatlar aralashishi maqbul emas. Oila o’z orzulari, o’z imkoniyatlari va o’z strategiyasidan kelib chiqqan holda bunga qaror berishi kerak. Ya’ni sodda qilib aytganda siz eslatgan kabi “Ko’rpangga qarab oyoq uzat” deganlarning gapida jon bor.

Ammo, tabiiyki oilaning ana shunday qobiliyati bo’lsa. Demak, gap oilaning qaror olish qobiliyatini oshirishda. Bu esa siyosiy zug’um bilan emas, balki ilm, erkinlik, madaniyat rivoji, tafakkur istiqloliga yo’l ochib qo’yish bilan amalga oshiriladi.

Menimcha bir mamlakat uchun demografik o’sishning strategik ahamiyati unchalik muhim emas. Avropada aholisi jihatidan katta bo’lmagan bir qancha mamlakat aholi soni bilan dunyoda birinchi bo’lgan Xitoy va Hindistondan har tomonlama oldinda.

Ba’zilar Xitoy va Hindiston aholisi bilan dunyoni bosib oladi, deydilar. Men bunga qo’shilmayman. Bugun Amerikada xitoyliklar va hindistonliklar juda ko’payib bormoqda. Lekin ularning aksariyati ko’rinishda, kelib chiqish tarixida mazkur mamlakatlarga bog’liq bo’lsalarda o’zlarini tushunishda amerikalikdirlar va amerikani vatan deb biladilar. Uning siyosatida, uning boshqaruvida ishtirok etmoqdalar va kerak bo’lsa Xitoy yoki Hindiston siyosatiga qarshi ham chiqmoqdalar.

Bugun Dunyo globallashuv tomon bormoqda. Bunday sharoitda demografik tushuncha torayib boradi. Avropa birligi kabi ittifoqlar bora-bora yagona dunyo, yagona boshqaruvga asos bo’ladilar. Oddiy qilib aytganda bir kun kelib, hammaning pasporti bitta bo’ladi. Dunyoning uchminginchi yillarini ana shunday tasavvur qilaman.

2004-2005 yillar.

Advertisements
%d bloggers like this: