Tarixiy-zamonaviy roman

qiyomat_kuni-5-

Pensilvaniya shtati. Pittsburgh shahri.

“Qiyomat kuni” qahramoniga! Saidjon, sizni hali yaxshi tanimayman. Lekin taniy boshladim. Shuning uchun ham hech kimga ayta olmayotgan gapimni tezroq sizga aytmoqchiman. Chunki sizni ham butunlay tanib qolsam, fikrimdan qaytishim mumkin.

Men Mesxet turkiman. Farg’onada uyimiz bor edi. Uyimizni ko’zimning oldida yoqib yuborishgan va o’lgudek qilib kaltaklashgan. Behush bo’lib qolganimdan keyin tashlab ketishgan. Men o’zimga kelganimda uchqichda qayoqqadir olib ketishayotgan edi. O’shanda xayolimga ilk kelgan narsa yonimdagi do’xtir agar o’zbek bo’lsa, uni o’ldirish edi. Urus ekan. Ammo o’zbek bo’lganda ham uni o’ldirishni eplolmas ekanman. Chunki ikki qo’lim ham sindirilgan ekan.

Boshimga tushganlarni batafsil yozmoqchi emasman. Mesxet turklari o’shandan bugungacha necha marta shahardan-shaharga ko’chganimiz va Rossiyaning Noqoratuproq zonasiga olib borib tashlanganimiz haqida hamma biladi. Siz ham bilasiz, deb o’ylayman. U erda uruslar bizni sig’dirishmadi. Keyin bizni Amerika qabul qilib, yoppasiga ko’chirib keldi. Men bu erda sizga o’xshagan bir qancha o’zbeklar bilan tanishdim. Ular har qancha o’zlarini oqlasalar ham men ulardan nafrat qilardim.

Ular menga׃

“Bu ishni KGB tashkil qilgan”

“SSSRni saqlab qolish uchun xalqlar orasida urushlar chiqarilgan”

“Provakatsiya qilishgan…” deb qator sabablarni keltirib, o’zlaricha o’zlarining haq ekanliklarini isbotlab tashlashgan. Ungacha ham juda ko’p maqolalar, kitoblar o’qiganman, hujjatli filmlar ko’rganman. Lekin hech biriga ishonmaganman. Chunki uyim yoqilganda qarshimda turgan KGB emas, o’zim tanigan o’zbeklar edi. “Turkka o’lim!” deb baqirganlar o’zimizning mahallamizda yashagan yigitlar edi. Bitta maktabda o’qigandik, hatto. Ular o’zlarini “o’zbek” der edilar, biz o’zimizni “turk” der edik. Oraga boshqa aralashgan odam yo’q edi.

Shuning uchun ham men yigirma yil davomida o’zbeklardan nafrat qilib yashadim. Hatto qirg’izlar ularni qirganda “Bu Xudoning inoyati, agar sen Xudoga havola qilsang, u sen uchun bir emas, ikki karra qasos oladi”, degan gap ko’nglimdan o’tdi. Xudoyim, men osiy badangni kechir! Qanchalar yanglishgan ekanman. Sen menga haqiqatni anglatganingga qadar ko’zim ko’r, qalbim so’qir ekan. 20 yil gunoh qilib, gunoh bilan yashabman.

Ha, mening ko’nglimdan o’sha mudhish xayol o’tgan kechasi bir tush ko’rdim. Bu tushni har lahzasi, har bir manzarasi vujudimga ko’chib qoldi. Unuta olmayman, unutmoqchi ham emasman. Lekin bu meni juda qattiq qiynamoqda. Shuning uchun ham sizga aytsam, balki engil tortarman, deb o’yladim. Balki aksi bo’lar? Demak, qirg’izlar o’zbeklarni qirgan tunda men ko’rgan tush׃

Qo’rqinchli va bahaybat tog’lar butun atrofni o’rab olgan va osmonga qadar uzanib bulutlarni qoyalarga bog’lab qo’ygan. Dunyo bo’z uy kabi bo’lib qolgan. Ana shu bo’z uyda ikki aka-ukadan tarqagan ikki qabila yashar ekan.

Kattasining ismi Erdor bo’lgani uchun qabiladagilarni “Erchilar” deyisharkan. Kichigining ismi Tepa bo’lgani uchun qolganlarini “Tepachilar” deyisharkan va ular Erchilardan sal teparoqda yasharkanlar. Juda inoq ekanlar. Bordi-keldilari bo’lib, qiz berib, qiz olisharkan. Hatto tog’lar ortidagi o’rmon boyliklarini ham baham ko’risharkan.

Tog’larning orasidan kichik bir dara o’tib, ana shu dara o’rmonga olib chiqarkan. Erchilar ham, Tepachilar ham o’rmonga qatnab, meva-chevalardan terib, hayvonlardan ovlab qaytisharkan.

Bir kuni Erchilar o’rmonga o’tamiz deyishsa, Tepachilar tomonidan xarsang tosh yumalab kelib, bitta bolani bosib qolibdi. Dod-voy qilib yugurib borishsa, yana tosh yumalabdi.

Shunda kimdir “Bu toshlarni Tepachilar irg’itmoqda”, debdi. G’azabiga o’rangan Erchilar bildirmay yarim tunda Tepachilarning uylariga bostirib borib, ularning kapalariga o’t qo’yib yuborishibdi. Tirik jon qoldirmay o’ldirishibdi.

Lekin tosh yumalashi tinmabdi. Bu hol takror va takror bo’laveribdi. Erchilarning qabila otasi va qabila onasi bolalarini toshdan ehtiyot bo’lishga chaqiribdi.

Keyin… toshdan qo’rquv boshlanibdi. Tosh “shig’” etsa, ular qaltirab qolar, hatto qochishga ham kuchlari etmas ekan.

Keyin… toshga sig’inish boshlanibdi. Ular uzoqdan turib toshga yolvorib, o’zlarini o’ldirmaslikni so’rarkanlar. Lekin toshdan sado chiqmabdi. Aksincha, bolalarini o’ldiraveribdi.

Keyin… toshdan nafrat boshlanibdi. Endi uzoqdan turib, uni so’kishar, ammo yaqin kela olishmas ekan.

Nihoyat, daraga umuman kelolmaydigan bo’lib qolishibdi. Ochlik boshlanibdi. Ular oxiri bir-birlarini eb bitirishibdi.

Shunda ularning o’rniga boshqa bir qabila ko’chib kelibdi. Bu qabila otasining ismi Ko’kdor bo’lgani uchun qolganlarni “Ko’kchilar” deyisharkan. Ko’kdor ko’kchilarni to’plab, ma’ruza qilibdi׃

-Oldin bu erda yashagan Erchilar doim oyoq ostiga qarashgan. “Nima topsam ham oyoq ostidan topaman” deb o’ylashgan. Erga qarab yuraverib, boshlari egilib qolgan va ko’kka qarolmaydigan bo’lganlar. Shuning uchun ham qirilib ketdilar. Xayriyatki, ko’kka qarolmas edilar. Agar qaraganlarida tog’ning hov tepasida bizning turganimizni va toshni biz yumalatganimizni ko’rib qolardilar. Sizlar bundan dars oling va doim ko’kka boqing, Ko’kdor bo’ling, aks taqdirda boshingizga tosh qulashi va ezilib ketishingiz mumkin… mumkin… mumkin…!

Ana shu “Mumkin…!” degan baqiriq-aks sadodan uyg’onib ketdim.

Lekin yotgan joyimda bosinqirab, qimirlay olmadim. Ustimda qandaydir bir sharpa. Xuddi keng ko’ylak kiyib olgan kampirga o’xshaydi. Termulib qarasam, Farg’onadagi qo’shnimiz. Uni O’zbek kampir der edik.

Ona va otam menga׃

“Bor, O’zbek kampirning erini chopib ber!”

“Bor, O’zbek kampirning suvini yoqalab kel!”

“Bor, O’zbek kampirning kartoshkasini teshala!”

“Bor, O’zbek kampirning sabzavotlarini ketmonla!” deyishardi. Shu-shu O’zbek kampir o’z onamdek bo’lib qolgandi.

Uning qorong’ulik qo’ynidan men tomonga nur sochayotgan ajindor yuzlariga termulsam, u nimadir deb pichirlamoqda. Diqqat qilib, gaplarini ilg’ab oldim׃

”Juvonmarg bo’lgurlar, bolamni o’ldirib qo’ydinglar-ku, yo’qollaring bu erdan, padar la’natlar!”

O’zbek kampir shunday deb kimlarnidir haydab yubordida, meni bag’riga bosib oldi. Yana uxlab qolibman…

Tushimni to’la “olib turdim”. Buning siri nima ekan, deb tursam, Turkiyada yashaydigan akamning umr yo’ldoshi-yangam telefon qilib qoldilar.

Tushimni yangamga aytsam׃

-O’zbek kampir uchun bir Qur’on tushirib qo’ying, ukabegim! Sizdan umidvor ekanlar. O’shanda u kishi bo’lmaganlarida tirik qolmagan bo’lardingiz. Ustingizga yotvolib, tepkilarni qaytarganlar!-dedi.

Ko’z oldim qorong’ulashib ketdi. Men noshud banda qanday qilib 20 yildan beri buni bilmayman?! Nega hech kim buni menga aytmadi?! Axir O’zbek kampirdan ham nafrat qilgandim! Uning hovlisida to’kkan terlarim uchun, yaxshiliklarim uchun o’zimga la’natlar aytgandim!

Yaxshilik qil, dengizga ot, bilsa Xoliq, bilmasa baliq bilar, deb o’zimni ovutgandim. Xato qilgan ekanman, xato. Yaxshilik haqida doim aytib turish, gapirib turish, eslab turish kerak. Bo’lmasa, yaxshilik yomonlikka aylanib ketarakan.

Hali ham men sizga ko’rgan tushimning manzaralarini chizib berolmadim. Menimcha bitta bargning qimirlashini besh sahifa qilib yozish davridan o’tdik. U paytlarda gapiradigan gaplarni gapira olmaganimiz uchun barglar, shoxlarning qimirlashini tasvirlab, dardlarimizni anglatganmiz. Endi erkinlik. Hammasini ochiqcha ayta olamiz.

Mana men ham dilimdagini sizga ochiq aytdim. Bilsangiz, Xudoyim meni gunoh yo’lidan qaytardi. Men ham Erchi ekanman. Doim erga boqib, toshga sig’inib, toshdan nafrat qilib yurgan, o’z aka-ukalaridan nafrat qilib, ularni eb bitirgan bir banda ekanman. Boshimni ko’tarib tepaga qarasam, tosh yumalatayotgan kimsani ko’rgan bo’lardim…

MUXTASAR MA’LUMOT

1989 yil 23 may kuni Mesxet turklari restoranida O’zbek yigitlari bilan janjal chiqdi.

Keyin shaharning Budyonniy ko’chasida ikki taraf bir-biri bilan yuzma-yuz bo’lib, bir-birini haqoratlashdi, qichqirishdi, mushtlashuv boshlandi.

24 may kuni janjal avjga chiqdi.

Toshlar, tayoqlar, portlovchilar – turli qurollar bilan bir-biriga tashlangan jaholat jangi yuz berdi. Uylar yona boshladi…

O’sha kezdagi Sovet rasmiy xabarlarga ko’ra, Farg’onada 112 kishi halok bo’ldi, 1000 dan ortiq kishiga tan jarohati etdi, 400 yigit javobgarlikka tortildi, 700 ga yaqin kishi ma’muriy jazo oldi. Haqiqatni esa… bilmaymiz!

(DAVOMI BOR)

JM.

Leave a Reply

Please log in using one of these methods to post your comment:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out /  Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out /  Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: