-1-
Toshkent. Oqsaroy.
-Soipovni sen otdingmi?-dedi Karimov Inoyatovga sim qoqib.
-Yo’q, men otganim yo’q!
-Bilaman, sen otganing yo’q! Lekin seni bolalaring otdimi deyapman?
-Yo’q, ular ham mendan so’roqsiz bir ish qilmaydilar va men ham sizdan so’roqsiz bir ish qilmayman.
-Unda nega hamma yoqda vatavang?
-Bilasizku, dushmanlarimizga bahona kerak.
-O’sha bahonani kim berdi ularga? Bugunning o’zi ikkita xat oldim. Hatto mana amerikaliklar ham kelib tarang qilishmoqda.
-U bola ularga ham ishlagan.
-U bola kim o’zi, bilasanmi uni?
-O’rta miyona bir muxbir edi. “Amerika ovozi” bilan hamkorliq qilgan. Ruslarga ham ishlagan.
-O’rta miyona bo’lsa uning o’limi kimga kerak bo’ldi? Nega buncha shovqin-suron qilishmoqda?
-Hammasini aniqlab sizga hisob beraman.
-Bo’pti. Tekshirib ko’r, tag’in bu ishni Usmonov qilmagan bo’lsin? Unga “Nima bo’lsa ham atrofingni tinch saqla!” degandim. U bilan ham gaplashib ko’r!
Karimov telefonni qo’ydida, bir narsalarni yozayotgan kabi qog’oz chizib o’tirgan AQSh elchisiga yuzlandi׃
-Siz o’zbekchani yaxshi tushunmaganingiz uchun ataylab ruscha gapirdim. Bular mendan yashirin biror ish qilmaydilar. Agar o’zboshimchalik qilishsa, sizlardan boshpana olishlariga to’g’ri keladi…
Karimovga o’zining bu gapi yoqib ketdimi, u jilmayib qo’ydi. Unga qo’shilib elchi ham jilmaydi. Keyin elchi yana daftariga bir narsalarni yozgan bo’ldi. Karimov esa unga izoh berdi.
-Usmonov deganim Andijonning hokimi. Yaxshi bola. Militsiyadan chiqqan. U joyni boshqa odam eplolmaydi. Lekin u ham mening ruxsatimsiz bir ish qilmaydi. Bularning hammasi harbiy intizomga, Bosh qo’mondonga bo’ysunadi. Sizlarda hatto askarlar ham Bosh qo’mondonning izmisiz harakat qilaveradi. Bu esa mag’lubiyatga boshlaydi.
Karimov gapni Iroq va Afg’onistonga burdi. Bushni tanqid qilgan bo’ldi. Elchi indamay eshitdi. Keyin Karimov׃
-Muhim gaplar chiqqanda tortinmay kelib turing, – deb elchiga suhbatimiz tamom degan ishorani berdi.
-Men aslida prezidentimning harbiy baza haqida…
Karimov elchining gapini bo’ldi׃
-U masala bitgan. O’tgan zamon o’tib ketdi. Kitob yopilgan. Bu haqda qayta-qayta gaplashishning ahamiyati yo’q. Qandaydir jurnalistning o’limi bilan tilimizni qisiq qilishga urinish ham yaxshi emas. Men qo’limni bunday narsalar bilan bulg’amayman. Siz tajribali diplomatsiz. Sizni hurmat qilaman, bundan keyin men bilan har qanday masalada ochiqcha gaplashavering. Men erkakchasiga gaplashishni yaxshi ko’raman. Agar men kimnidir o’ldiradigan bo’lsam, qo’rqadigan joyim yo’q. Buni ochiq aytib, qilaman. Ana, Rossiya ham buni qonunlashtirdi. Mana, sizlar ham qilayapsizlar-ku! Qo’mondoningiz dunyoning boshqa joylarida yurgan odamlarni ham o’ldirishga buyruq bera oladi. Agar biz ham kimnidir o’zimizga xavf deb topsak, buni ochiq aytamiz. Lekin shaxsan men undaylarni o’ldirishni ularni jazodan qutqazib yuborish, deb hisoblayman. Menga qolsa, mamlakatdan chiqarib yuboraman. Qaytib kelmaydigan qilib qo’yaman. Bu ham o’lim jazosi. Faqat jismoniy o’lim emas, ruhiy o’lim…
Elchi Karimovning gaplarini miq etmay eshitib o’tirdi va so’ng nazokat bilan, qabul uchun rahmatlar aytib chiqib ketdi. Uni kuzatib qaytgan vazir Norovga Karimov׃
-Qalay bopladimmi?-dedim.
-Ammo gunoh qilib qo’ygan boladek bosh ko’tarolmay qoldi, bundan keyin ishini bilib qiladi.
-Ularning qo’lida biror dalil bormiki meni muttaham qilmoqchi bo’ldi bu?
-Oldi-qochdi gaplardan boshqa narsa yo’q. Men unga aytgandim, bunday gaplar bilan ochko ololmaysan deb…
-Bishkek bilan gaplashdingmi? Balki ularning ishidir bu? Biz bazani chiqarib yuborganimizdan beri ana u “Boqimanda” o’zini Vashingtonning odami hisoblab qoldi. Balki ularga kozir yasab bergandir?
-Uning Qora Oybek degan mafiyasi bor O’shda. Shuning bolalari qilgan bo’lishi mumkin.
-Lekin nega shubha bizga tushdi? Agar kuchli jurnalist bo’lmasa, bular oraga kirarmidi? To’xta, u bola men haqimda biror narsa yozgan emasmi?
-Yo’q! Sizga qarshi hech narsa yozgan emas. Amerikadan 25 ming dollar olib, “Siyosat” degan gazeta chiqarayotgan ekan. Chiqqan sonlarini ko’rib chiqdim. Bor yo’g’i 5-6 ta. Hammasi har yoqdan olingan ko’chirmalar. Lekin bir marta chegaradan o’tayotganda biznikilar uni ushlagan. U chegarachilar bilan bo’lgan gaplarni yashirincha yozib olib, MXXga yuklab, radioga berib yuborgan.
-Gapi to’g’ri-ku, chegarachilar ham MXX…
-Balki shu narsa bizni ayblashga sabab bo’ldimikan, deyman?!
-Manga qara! Senga bir necha marta aytdim. MXX bilan dushman bo’lma, hamkorlikda ishla! Gapni aylantirib, kesakni MXXning paykaliga otayapsan-ku! Agar MXX aralashganda Inoyatov bilgan bo’lardi. Sen ham bilgan bo’larding. Men ham bilgan bo’lardim. Xullas, nima bo’lsa ham yo’q joydan yana bitta qahramon yasabsizlar. Hammaga ayt. Miq etishmasin. Javob ham berishmasin. Xayriddinga ham aytib qo’y. Internetda ham bir narsa chiqmasin. Nima desangizlar ham uni mashhur qilasizlar. Bunday paytda aksini qilish kerak, unutish, unuttirish kerak..
Norov chiqib ketgach, Karimov bir lahza o’ylanib qoldida, qora telefondagi “Inoyatov” deb yozilgan tugmani bosdi.
-Eshitaman, Islom aka!
-Senga “O’shni yaxshilab o’rgan, o’zbeklar orasidan bolalar top, u erga nihollaringdan ekib tashla” degandim. Shu nima bo’ldi?
-Aytganingizdek qilganman. Andijon voqealaridan keyin ekib tashlagan niholarimiz ko’karib qoldi.
-Hisobotingni olib kel-chi. Bir ko’rib chiqaylik. Yangi fikrlar paydo bo’ldida…
-Xo’p, hozir borayinmi?
-Yaxshilab o’yla, har ehtimol uchun yozib qo’ygan hisobotingni qayta ko’rib chiq va takliflaringni ham jamla, senga bir hafta muhlat.
Karimov tugmani qayta bosib aloqani o’chirdida, deraza tomonga qaradi. Osmonda qora bulutlar ko’rindi. Bulutlar shishayotgan balon kabi “semirib” hammayoqni qoplayotgan edi. Nahotki yog’adi? Paxtaning qolgani nima bo’ladi?
U stoli ustidan nimanidir qidirdi. Topolmadi. Keyin telefon dastasini ko’tarib׃
-“Ob-havo”ni olib kel,- dedi!
Keyin yana o’ylanib qoldi, xayoliga favqulodda fikr kelgan odamdek tetiklandi va telefonning “Matlubov” deb yozilgan tugmasini bosdi.
-Assalomu alaykum! Labbay, Islom aka,-degan yumshoq tovush eshitildi.
-Va alaykum! Bahodirjon, O’shda bir jurnalistni otishibdi. Inoyatovga ham aytdim. Senga ham aytayapman. Chunki bu ishni sen qotirasan, uka. Nima bo’lsa ham “Ugolovniy rozisk”dan chiqqansan! Bolalaringni ishga sol. Aniqla! Kim otdi? Nima uchun otdi? Tezda shuni aniqlab, javobni stolimning ustiga qo’y. Amerikaliklar bahona qidirishmoqda. Javob ularning og’ziga uradigan bo’lsin.
-Bo’ldi Islom aka! Gap yo’q! Aytganingizday bo’ladi…
Mana shu gapga ham uch yildan oshdi. Karimov bugun Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a’zo mamlakatlar rahbarlari bilan uchrashuvga hozirlanar ekan, “Qaerdadir xato qilib qo’ymayin”, deya “Qiyomat kuni” amaliyotining boshidan oxiriga qadar eslashga urinayotgandi. Lekin…
MUXTASAR MA’LUMOT
Alisher Soipov
1981 yilning 4 sentyabirida tug’ilgan.
Taniqli jurnalist Alisher Soipov 2007 yil 24 oktyabr kuni Qirg’izistonning O’sh shahrida otib o’ldirildi.
26 yoshli Soipov “Amerika ovozi” radiosining o’zbek bo’limi hamkori bo’lgan. U shuningdek, “Fergana.ru” axborot agentligi, “Ozodlik” radiosi, Uznews.net. internet sahifasi bilan ham hamkorlik qilgan.
Qotillik mahalliy vaqt bilan kechki soat 19.30 da shahar markazida yuz bergan.
Alisher Soipov O’shdagi o’zbek tilida chop etilayotgan “Siyosat” ro’znomasining asoschisi edi. U o’ziga nisbatan tahdidlar bo’layotganini aytib kelgan.
Uylangan, bir farzandning otasi.
(DAVOMI ETADI).
Filed under: Qiyomat kuni |
Leave a Reply