Oltinchi qavat (Qissa)

soyaPrezident  tansoqchisining kundaligi

5.Soya

Prezidentning ishxonasi oltinchi qavatda ekan. Bizni lift yonida qarshi olgan ikki kishi adamga “chest” berib menga havas bilan qarashdi:

-Shef o’g’lingiz ham o’zingiga o’xshar ekan…,-dedi bittasi.

-O’g’lim bo’lgani senga uni tekshirmaslik uchun asos bo’ladimi?-Adam jiddiy ohangda so’radi.

Haligi odam shoshib qoldi va darhol meni siypalab tekshirib chiqdi. Keyin “bo’ldi” degandek yelkamga urib qo’ydi.

“Hammaning yelkasiga urib qo’yasanmi?” degandek adam unga  o’qrayib qaradi.

Oyoq ostiga qip-qizil gilam to’shalgan. Nazarimda meni tekshirgan odamning yuzi ham shu gilamdek qizarib ketdi. U adamdan qo’rqar ekanmi yoki uyaldimi bilib bo’lmasdi.

Atrof jim-jit. Bitta eshikning yonida ikki kishi qad rostlab turibdi. Ikkalasi ham chiniqqan. Kamida karatening bir necha turini biladigan. Ular dam adamga, dam menga qarab  xuddi bir narsani biladigandek jilmaydilar.

Adam ulardan biriga qarab bosh irg’adi, u eshikni ochdi. Ichkariga kirdik.

Salomimizga alik olarkan, Prezident o’rnidan turib  biz tomonga yurdi. Televizorda ko’rib yurganimizga o’xshaydi. Ammo u qadar yosh emas. Ancha cho’kib qolgan. Bir tepsa qaytib o’rnidan turmaydigan odam ekanu… nega hamma uni gapiradi? Nega hamma undan qo’rqadi? Yuzida ham mehr yo’q. Noumid odamga o’xshaydi. “Inson qo’rqsa yoki umidsizlikka yo’liqsa yuzidagi nur qochadi”.  Usta Vunning gapini eslagandimki:

-Tansoqchi o’zimizdan chiqsin debsanda-a?-dedi Prezident ruschalab adamga.

Adam javob bermay jilmaygancha bosh irg’adilar.

-Vaqt shuncha tez o’tadi. O’g’ling tug’ilganida ellikta otgandik, esingdami?

Adam yana jilmayib bosh qimirlatdilar. Prezident savol bergan sayin adam oldinga qarab egilib borayotgandek va yerga cho’kib ketayotgandek edi. Negadir men hayajonlanmadim ham.  Negadir Prezidentning salobati bosmadi. Adam esa yana bitta savoldan keyin tugaydigandek.

Prezident ham buni sezdimi׃

-Ruxsat bersang yigit bilan yakkama-yakka gaplashsak,-dedi adamga.

Adam orqaga chekinib, g’oyib bo’ldi.

-Qani “taychi” bu yoqqa kelchi,-Prezident shunday deb ichkaridagi xonaga qarab yurdi. Orqasidan ergashdim. Boshi yelkasining ichiga singibdi, shuning uchun oz-moz bukchaygan. Umurtqasining eng tepadagi birinchi qavati mo’rtlashib qolgan. O’sha yerga bitta ursa… tamom…

Xuddi kallamdagini o’qigandek׃

-Nimani o’ylayapsan?-dedi Prezident.

Indamadim.

-Menga ham shunday joylar nasib etarmikan, deb o’ylayapsanmi?

Yana indamadim.

-Kelajak yoshlarniki! Bu joylarni sanga o’xshaganlarga tashlab ketamiz. Man bu yerga yetib kelgancha ellik yil emakladim. Sanlar baxtli, qara, hali yigirmaga kirganing yo’q, ammo oltinchi qavatdasan. Bu xonada kimlar o’tirmagan deysan? Sharof aka zo’r edi. Qolganlari latta. Ha, mayli buning sanga qizig’i yo’q. Qanaqa telefon ishlatasan?

Bu savolga qanday qilib javob bermay turish kerak? Adam nima degandi. Biroz kut. Oradan bir oz ham o’tmay Prezidentning o’zi javob qildi׃

-Sanga “Ayfon” oldirdim. Ammo bu xonada ishlatmaysan.

Tushunmadim.

-“Ayfon” orqali meni eshitishlari mumkin. Shuning uchun uni tashqarida ishlatasan. Agar tashqariga chiqishga vaqting bo’lsa…

Shunday deb Prezident kuldida׃

-Tashqariga ham vaqt topamiz, parvo qilma,-dedi.-Endi gap bunday. Otang aytgan bo’lsa kerak, biz qirq yillik qadrdonlarmiz. San begona emas. O’zimni o’g’limsan. Sani tavsiya etishlari bilan rozi bo’ldim. Boshqasiga ishonmayman. San tashqarida emas, ichkarida turasan. Kerak bo’lganda  kerakli odamni karate qilib tashlaysan, vazifang shu! Endi bitta savolga javob ber, cho’ponning iti podani qo’riqlaydimi yoki cho’ponnimi?

Indamay turdim. Prezident ko’zlarimga termulib qoldi va׃

-Ha, otang sani yaxshi tarbiyalagan. Og’ir yigit ekansan. Lekin bu savolga javob berishing kerak,-dedi.

Nima desam ekan? Podani desammikan? E, yo’q. U o’zini cho’ponga meni itga o’xshatdimi? Nahotki?

-Qani itning o’rnida san bo’lsang nima qilarding?

-Cho’ponni qo’riqlardim. Agar cho’pon bo’lmasa…

-Stop! Birinchidan men cho’pon emas. Ikkinchidan, sen it emassan. Lekin javobingdan qoniqmadim.

Indamay boshimni egdim. Demak, qovun tushirdim. Adam rosa qiziydigan bo’ldi.

-Bundan keyin birov shunday savol bersa, cho’ponning atrofida yurardim, uning imosini kutib, deyishing kerak. Ikki karra ikki necha bo’ladi, degan haligi semiz bola nima deydi, xo’jayin aytganingiz bo’ladi, deydi. Endi gap bunday, sanga nima kerak bo’lsa manga aytasan. Xotin kerakmi, pul kerakmi, massaj kerakmi, balomi-battarmi, manga aytasan. Hech tortinmaysan. Ammo qulog’imga bir gap kelsa yumrug’ingni sug’urib olaman. Bu hazil. Lekin chin gap shuki, beshinchi qavatda ilon yursa bilaman.

Prezident ichkari xonadan yana asosiy kabinetga o’tdi. Nega ichkariga kirdigu nega chiqdik, bilolmay turgandim.

-Mana bu yerda turasan,-dedu u eshikning yonini ko’rsatib.- Ko’zingni bittasi eshikdan kirgan odamda, bittasi menda bo’ladi. Imo qilsam, oyog’ini osmondan qilib yuborasan. Lekin o’lmasin.  Tayvandagi va kechagi sinovdagi o’lganlar yetib ortadi.

U shunday deb yelkamga qo’lini qo’ydi. Birdan oyog’im qaltirab ketdi. Qo’limdan jon sizib, uning oyoqlari ostiga oqayotgandek bo’ldi. Qo’rquv seli ko’ksimni bosib oldi.

Shunday hisni oldin ham bir marta sezgandim. Tayvanga borganda usta Vun bilan ilk suhbat paytida. U gapira-gapira qo’lini yelkamga qo’yganda bir botmon yerga kirib ketgandek bo’lgandim. Keyin emaklab yer yuziga chiqib, arang qaddimni rostlab olgan kabi bo’lgandim.

-Parvo qilma kuni bitganlarini alohida aytaman,-dedi Prezident kulimsirab. San toza yigitsan. Ko’nglingda kir yo’q. Mana bu stulga, mansabga intilmaysan. Saning o’z oltinchi qavating bor. Allaqachon chiqib olgansan unga. Lekin ana u iblislarni qanday urdingki videodan qayta-qayta qarab ham ko’ra olmadim.

Videoni juda va juda sekinlatib ko’ring, demoqchi edim, lekin tilim komimga yopishib qolgandi.

-Shamoldan ham tezsan. Sanga havasim keladi. Yoshsan, kelishgansan, ko’zlaringga qara hech qo’rquv yo’q, har safar maydonga tushganda o’lishim mumkinkу, deb qo’rqmaysan, manga shunaqa mardlar yoqadi. Seni ko’rib o’z yoshligimni esladim. Olov edim. Polni tepsam shift titrardi. Endi-chi… polni tepsam tizzam qaltiraydi.

Shunday deb, Prezident yana qaytib ichkarigi xonaga kirdi va u yerdagi  eshiklardan birini ochdi. Hojatxona… Bormay turdim.

-Nega qarab turibsan, nima dedim, soyasan,  quyosh orqadan chiqqanda oldimda va oldindan chiqqanda orqamdan yurasan!

“Tundachi” degan gap o’tdi xayolimdan.

-Tundami?-Xayolimni o’qigandek gapirdi u. Tunda yonimda yotasan! Qani bu yoqqa kel!

Jahongir MUHAMMAD.

(Davomi bor).

Leave a Reply

Please log in using one of these methods to post your comment:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out /  Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out /  Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: