Prezident tansoqchisining kundaligi
4.Sinov
Ham oliygohdagi ham bu yoqdagi darslarga qatnab yursam to’satdan sinovga chaqirib qolishdi.
-O’zingni ko’rsat, muhim odam tomosha qivotti,-dedilar adam.- Bu sen uchun ham, men uchun ham hayot-mamot masalasi.
Atrofga qarasam Adam va yordamchilaridan boshqa odam yo’q. Keyinchalik bildimki, o’shanda bo’yalgan derazaning ortida MXX raisi va “SP” rahbari o’tirishgan ekan.
Bir karate ustasi bilan maydonga tushirishdi. Govdasi beso’naqay kishi. Soqoli o’sgan, ko’zlari kirtaygan. Qo’llarining mushagi ko’ylagini yirtay deb turibdi. Basharasini qora bulut qoplagandek. Qoshini chimirib olganmi yoki o’zi shunaqami ko’zlari bilan qo’shilib ketganga o’xshaydi. Beli biroz ingichkaroq, ammo oyoqlari filnikidek baquvvat.
Usta Vunning o’rgatgani bo’yicha raqibimni bir zum zohiran o’rgandim, keyin botiniga nazar solishga urindim. Ko’zi g’amgin. Ichi to’la dard. Xuddi yomon haqorat eshitib, javoban baqiraverib po’tiqib ketgan kishidek ko’z tomirlari yorilgani sezilib turibdi.
“Bunday odamdan qo’rqish kerak”, derdi usta. “Hayot-mamotini o’rtaga qo’ygan odam ichki tomirlarini ko’zi orqali tashqariga ko’rsatadi”.
U karatechi bo’lgani bilan ko’rinishi asli bokschi ekanligini aytib turibdi. Bokschi bo’lganda ham kallasiga ancha musht yegan. Jahli pishqirib turibdi.
U hujum qilib turdi. Ortga chekinib-chekinib uning maneverlarini kuzatdim va kutilmaganda havoda bir aylanib kallasiga tepdim. Esankirab qoldi. Ishi oson bitdiku deb tursam, bir zumda o’ziga kelib, yana pishqira boshladi. Og’zidan ko’pik chiqib, men tomonga bostirib kelaverdi.
Xayolimda Usta Vunning gaplari aylanmoqda.
“Bu еng yaxshi fursat, chap berib, zarbani shiddat bilan ko’ksiga yoki ikki qoshining orasiga ursang gursa yiqiladi”.
Lekin hali jang qilganim yo’q. U bunga munosibmikan?
“Xayolingda ikkilanish paydo bo’ldimi, yutqazasan”.
Adam nima dedilar? “Bu sen uchun hayot-mamot masalasi”. Demak, gap jiddiy. O’zimni hozir ko’rsatmasam, qachon ko’rsataman?
Bir harakatimdan keyin haligi “ho’kiz” ag’nab tushdi. Uni turg’azishga urinishdi. Bo’lmadi. Sudrab olib chiqishdi. Shu payt eshikdan boshqa bir kishini olib kirishdi. Bunisi novcha, muskullari bilan suyagi qo’shilib ketgan, kiyikdek chaqqon. Ammo uning ham ko’zlari qonga to’lgan. Maydonga kelishi bilan:
“Bismillohir rahmonir rahim!”- dedi.
“Tovushingni o’chir!” Bu adamning ovozi.
Xuddi “Tovushini o’chir” degandek tuyuldi. Havoda aylanib ko’kragiga tepaman desam, qo’lini devor qildi. Suyaklari betondek. Demak uzoq vaqt shug’ullangan. Lekin uni ham biroz o’ynatib, yer tishlatdim. Uchinchisini olib kelishdi. Unisini ham sudrab olib chiqishgach, MXX raisi kirib keldi׃
-Otangni oqlading. Agar bittasiga yengilsang otang ham, sen ham ketarding,-dedi yelkamga urib.
Keyinchalik bilsam “Yosh bolani ishga oldi. Tag’in o’zining o’g’lini” deb adamni prezidentga shikoyat qilishibdi. Ba’zan shikoyatlar “teskari “reaktsiya” beradi. Prezident adamni chaqiribdi. “Sinab ko’ring” desalar vaqt ham bermay, bu “mojaro”ni tashkil qilishbdi.
Adam׃
-Sendan ko’nglim to’q edi,-dedilar.-Lekin ana ular ham tahlikali edi. Jonidan to’ygan odamlar. Ularga׃ “Shu bolakayni yengsang, ozod qilamiz” deyilgan. Ozodlikka chiqish orzusi hamma narsadan kuchli bo’ladi.
“Ozodlikni yo’qotish hamma narsadan yomon!” Bu gapni adamga aytmadim.
“Mahmadanalik qilma” deyishlarini bilaman.
“Sinovni” videotasmaga yozib olishgan ekan. Prezident ko’rib “U bilan o’zim gaplashaman” debdi. Yo’lga chiqdik.
Adam׃
-Tilingni zanjirga bog’la, butun vujuding quloqqa aylansin. “Batya” gapirgan odamni emas, eshitgan odamni yaxshi ko’radi. Savol bersa ham indamay tur, javobini o’zidan eshitasan. Unutma, u oddiy odam emas. Katta mamlakatning rahbari. Hamma ham bu darajaga yeta olmaydi. Sen tug’ma “taychi” bo’lsang, u tug’ma ustadir. Usta bo’lganda ham millionlab “taychi”larning ustasi. Uning ustiga sen yosh bolasan, u esa…
Adamning mana shu gaplari yoqmaydi. Qachongacha yosh bolaman? MXXning raisi yelkamga qoqib “Malades” deb turganda yosh bolaligim qoldimi? O’zimni qaerda qanday tutishni bilaman. Yoqmasam ishdan haydaydi. Borib o’qishimni davom ettiraman. Mendan kuchlisini topisholmasa yana chaqirishadi. Men bular uchun emas, taychi uchun tug’ilganman…
-Avzoying buzilmasin, o’g’lim, “Batya”ning oldida hech bo’lmasa ko’zlaring kulib tursin. Qani ketdik… oltinchi qavatga!
Jahongir Muhammad.
(Davomi bor).
Filed under: Oltinchi qavat | Tagged: Jahongir Mamatov, oltinchi qavat |
[…] Lotinda o’qish uchun […]