Prezident tansoqchisining kundaligi
3.Adam
Biz “dada” degani samarqandcha, tojikcha, “ada” degani toshkancha, o’zbekcha deb bilardik. Bu miyamga quyilib qolgan. O’chirsam ham o’chmaydi. O’lgunimcha ham “ada” desam kerak. Zotan tilim ham “dada”ga aylanmaydi, “ada” degani o’z-o’zidan chiqib ketaveradi.
Adam botiniy ko’rinishi bilan Prezidentga juda o’xshaydi. “Ichimdagini top” deydigan odam. O’zini hammadan aqlli deb hisoblaydi. Eng mukammal narsadan ham kamchilik topishga urinadi. Rost bilan yolg’onni ajrata olmaydi. Hamma gapni yolg’on deb o’ylaydi. Jahli chiqsa oylab gaplashmaydi. Qachonki o’zing pushaymon bo’lib, bosh egib borsang, “Bo’pti” deb qo’yadi. Oyimning bor-yo’qligiini ham bilmaydi. Men qanchalik Prezidentga soya bo’lsam, oyim adamga shunchalik soya. Adam bu soyani sevmaydi va sezmaydi ham, bor-yo’qligini bilmaydi. Prezident ham shunday edi. Ammo keyingi paytda o’zgardi. Unga nima bo’ldi bilmayman. Soyasiga diqqat qila boshladi.
Adamning MXXda ishlashini endi bildim. Bugungacha bilmaganim uchun adamdan xafa bo’ldim. Lekin bu xafachilik uzoqqa cho’zilmadi. Odamning otasi shunday joyda ishlaydi-yu xafa bo’ladimi? Aksincha yugurib borib hammaga aytgim keldi. Biroq mumkin emas.
Shuncha yosh bo’lishimga qaramay ishga olishdi. Birov bilmasligi kerak. Hatto oyimga ham aytishim mumkin emas. Balki adam yo’lini topib, sezdirib qo’yar, lekin menga aytish ta’qiqlandi.
Bugun adam bilan ilk bor uzoq gaplashdik. To’g’risi u gapirdi, men eshittim.
-Biz Islom aka bilan bitta mahallada yashaganmiz. Oliygohni bitirib sport klubida ishlay boshlaganimda u Shukrulla Mirsaidov, Mirabror Usmonovlar bilan tenis o’ynashga kelardi.
Shukrilla Mirsaidov, Mirabror Usmonov… bu nomlarni birinchi marta eshitishim edi. “Islom aka” deganlari Oliy Bosh qo’mondon ekan. Prezidentni televizorda ko’rardimu lekin uning adamga do’st bo’lishi mumkinligini hatto xayolimga keltirmaganman. Boshimga bunaqa baxt qushi qo’nishi mumkinligini tasavvur ham qilolmaganman. Mana endi ertaklar bir zumda haqiqatga aylanib turibdi.
-O’sha paytda ularni mafiya deyishardi. G’afur, Salimlar ham ularga bir marta xizmat qilsam degan orzu bilan yashardi.
-G’afur, Salim?
-Ular tengdoshlarim. Biz birga boksga tushib yurardik.
Adamning boksga tushganini ham endi eshitib turibman. Bir-ikki marta yuz-ko’zi ko’karganida, “davleniem baland bo’lib, eshikka urib olibman”, degani yodimda. Xullas, u men bilmagan o’zga dunyo ekan.
“U paytda Islom aka Gosplanda ishlardi. Keyinchalik ko’tarilib ketdi. Prezident bo’lib qolganidan keyin bir kuni chaqirtirib oldi.”
-Uka bilasan sanga qancha ishonaman. Mana shu apparatga xavfsizlik xizmati kerak. Unga o’zimga sodiq bolalar kerak. San ana shu ishni yo’lga qo’yasan,-dedi.
Xullas, adam shundan keyin Prezidentga ishlay boshlabdi. Bosh ”rekruter”. Chiniqqan bolalarni topish uchun o’zi maktablarga fizkultura muallimi bo’lib ishga o’tib, besh oy-olti oylab “qidiruv” olib borgan.
-San suyagimsan,-dedi adam.- Sani ham shu ishga yetishtirmoqchi bo’ldim. Onang qarshi chiqdi. Bir kuni o’zing istab qolding. Shundan keyin indamadi.
Xuddi o’rmonda adashib qolgandayman. Birdaniga shuncha o’zgarish. Hali oliygohning ikkinchi kursidagi bolani “Prezident xizmati”ga ishga olishdi.
-Bu degani ertaga “Batya”ni qo’riqlaysan degani emas. O’shanga tayyorlanasan, pishib yetilasan, o’zimizning maktabda ham tahsil ko’rasan.
Adam Prezidentni “Batya” deydi.
-“Batya” juda yaxshi odam. Agar u bo’lmasa bizning buguni hayotimiz bunaqa bo’lmasdi. U o’ziga sodiq odamlarni hurmat qiladi, qadrlaydi, tashlab qo’ymaydi. U mamlakatimizni qutqarib qoldi. U bo’lmaganda ishlar rasvo edi. Meni qanchalik sevsang uni ham shunchalik sevishing kerak.
Adamni qanchalik sevaman? Sevamanmi o’zi? Bugungacha o’g’liga ko’nglini ochmagan otani qanchalik sevish mumkin?
Adam sovuqqon odam. Bir kun ko’rmasa ham, olti oy ko’rmasa ham ayni muomalada bo’ladi. Aytganini bajarmasang jahli yuziga yopishib oladi. Yuvsa ham ketmaydi. Aytgani bajarilmasa ham bajarishing shart.
Bir kuni “Balkon oynalarini ko’chadan yuv” dedi. Savollarimni eshitmadi.
Balkon derazalari tashqariga ochiladi. Qanday qilib yuvaman? Beshinchi qavatdan tushib ketsam nima bo’ladi? Omon qolamanmi? Bu joyga yetadigan norvon yo’qki ishlatsam? Yo’lini topolmadim. Kechqurin adam arqon ko’tarib keldi va oshxonaga uloqtirdi.
-Shunga ham aqling yetmadimi? Ol, buni belingga bog’laysan, qolganini o’zing o’ylab top,-dedi.
-Arqonni qaerga bog’layman?
-Belingga bog’laysan dedim-ku!
Belimga bog’lashimni bilaman, lekin keyingi uchini qaerga bog’layman? Bunisini aytmadi.
Adam shunaqa yopiq ko’ngil, qattiqo’l odam. O’shanda derazalarni belga arqon bog’lamasdan ham yuvish mumkinligini o’rgandim. Kechqurun adam arqonni o’zi tashlab qo’ygan joyda ko’rib׃
-Bu boshqa gap,-dedi.
Uning eng sevingani va yumshoq gapi shu edi. Hozir o’ylasam o’zim ham adamga o’xshab ketaman. Demak, Prezident, adam va men ayni toifadanmiz.
Bir kuni prezident׃
-Men kimga sodiq bo’lsam o’lgunimcha o’shanga sodiqman. Chunki o’sha odam shuni istaydi,- dedi.
Adam ham shuni istaydi.
Men ham.
“It sodiq, xiyonat qilmaydi” deydi adam.
Nahotki biz itmiz? Aslida insoniyat turli hayvonlarning odam holidagi ko’rinishi deyishadi. Demak, biz itmiz…
It zoti bir-biriga sodiqmi yoki egasigami?
Usta Vung “It eng avvalo suyakka sodiqdir” derdi. U suyak deganda go’shtning suyagini nazarda tutganmi yoki o’z yaqinlarinimi? Bu ham jumboq.
Prezident esa “Itni ayri-ayri, yakka-yakka saqlasang sodiqligini ko’rasan, birlashdimi, qo’shildimi seni talaydi, g’ajib tashlaydi” deydi…
Jahongir Muhammad
(Davomi bor).
Filed under: Oltinchi qavat | Tagged: Jahongir Mamatov, oltinchi qavat, soqchi, tansoqchi |
Leave a Reply