Voqeiy qissa
2. “So’fi”
Tayvandan qaytishda ruschani biladigan Usta Vun:
-Siz tomonlarda so’filar o’tgan. Ularning hayotini o’rgan, ulardan dars ol, bo’lmasa umring qamoqda o’tadi yoki peshanangdan otib ketishadi,-dedi.-Bugungacha senga aytgan ko’p gaplarimni tushunmading. Agar so’filar hayotini o’rgansang nima deganimni anglab etasan.
Usta Vun meni yomon ko’rib qolgandi. Sababini bilaman. Uning shogirdlarini “bir tiyin” qilib tashladim. Qaysini qarshimga chiqargan bo’lsa, sudrab obketishdi.
Vun Moskvada ham dars bergan. Toshkentda ham bo’lgan. Ruschani yaxshi biladi. “Xitoyda o’rganganman,” deydi.
Undan dars olish uchun hatto Amerikadan ham kelgan talabalar bor. Ko’p shogirdlari turli mamlakatlarda “vip”larni qo’riqlashar ekan. Shuning uchun obro’si katta. O’ziga bino qo’ygan. Qiziq-qiziq gaplarni aytadi.
-Kuch nazorat qilinsagina kuchdir,-dedi bir kuni.-Agar nazorat qilsang uni minasan, bo’lmasa ostida qolasan.
-Nazorat qilayaman-ku,-dedim.
-Yo’q, kuch seni nazorat qilayati. Bilib qo’y, tobutingni ko’targanlarning hammasi senga do’st emas. Ularning ko’pchiligi o’zlarini o’ylaganlari uchungina tobutingni ko’tarmoqdalar.
Uning falsafasiga tushunish qiyin edi.
-Vaqt hakam, vaqt ko’rsatadi,-dedim.
U jilmaydida:
-Vaqt hakam, lekin u hammaga o’lim hukmi chiqaradigan hakam,-dedi.
Shunaqa, uning gaplari sovuq edi. Endi esa borib so’filarni o’qigin deydi.
Qaytgach, oliygohga o’qishga kirdim. Taychi bo’yicha o’zimizda musoboqalar yo’q, ammo bu sport turi olimpiada o’yinlari qatoriga qo’shilgandi.
Oliygohdagi domlalarim bilan gaplashsam, boshqa bir mamlakat hisobidan qatnashish mumkin deyishdi.
Har kuni kamida uch-to’rt soat mashq qilardim.
Xayolimdan Tayvandagi usta Vunning gapi ketmaydi: “Sizlar tomonda so’filar bor. Ularning falsafasi biznikiga o’xshab ketadi. Ular ham qavatma qavat ko’kka yuksaladilar, biz ham…”
Oliygoh kutubxonasiga kirib, internetdan so’filar haqidagi ma’lumotlarni qidirib topdim.
Taychi butun vujudingdagi hisslarni harakatlarga bog’lab, ko’kka o’rmalatadi. So’filarda ham shunday ekan. Ayniqsa, “Samo” raqsi taychi harakatlariga o’xshab ketadi.
So’filar nafsga erk bermaslik, nafsni jilovlay olish manaviy etuklik deb hisoblasharkan. Taychida ham nafsni tiyish muhim qoidalardan biri.
So’fi uchun bilimni kuchaytirish nafs va g’azabning kushandasi.
“Nafsni g’oliblik qondiradi. G’azab esa g’oliblikka olib boradigan yo’l”. Birinchi ustam shunday derdi. Uning gaplari haq. Bugungacha bilim olmadim, ammo mashq qildim. Mashq, mashq, mashq…Hamma narsaning kushandasi mashq!
So’filarga ko’ra inson qancha ko’p bilim olsa, shunchalik o’zini boshqarishi osonlasharmish.
“Yolg’on gapirmaslik, o’g’irlik qilmaslik… “
Bular Tayvandagi ustaning gaplari-ku? Demak, u so’filikni o’qib, o’zini aqlli ko’rsatar ekan-da, deb o’yladim.
Usta Vunni yoqtirmaganimdek, so’filikni ham xush ko’rmadim. Ular bu dunyo mas’uliyatidan qochib, o’zlarini Xudoga topshirishgan. O’zingni topshirdingmi, demak yutqazding!
“Biz dunyoga nima uchun keldik? Vazifamiz bor. Uni bajarishimiz kerak. Uni tashlab qochish qo’rqoqlik”. Birinchi ustamning bu gaplari ham haq.
Har kun kutubxonaga kelib shu boradagi bitiklarni o’qiy boshladim. Qancha o’qisam, shunchalik so’filikka qarshi bo’lib bordim.
Bir kuni sport klubida mashq qilayotsam, ikki kishi kelib qoldi. Ular “Es-en-be”dan ekan.
“SNB”…Milliy Xavfsizlik Xizmati. Eng kuchli idora. Maktabda bolalarning orzusi “esenbeshnik” bo’lish edi. Ayniqsa niqob taqib yuradigan-“maska shou” bo’lishni istamagan bola bormi? Ninja! Yuzingni ko’rishmaydi, tanishmaydi… ammo sendan qo’rqishadi. Mana kuch nima!
O’zim ham “maska shou”ni ko’rganimda qo’rqib ketgandim. Bu kuchning kuchdan qurquvi edi…
Mashinaga mindirib, bir joyga olib borishdi. U erdagi odam xitoycha gapira boshladi. Tayvanda oz-moz o’rgangandim. Lekin usta Vun rus tilini bilgani uchun, xitoy tilini o’rganishimga ehtiyoj yo’q edi.
-O’zingni go’llikka solma! Hamma gapini tushunib turibsan,- dedi haligi odam ruschalab.
Ruscha javob berdim. Suhbatimiz hech tugamasdi.
-Qaysi machitga borasan?
-Machitingiz nimasi?
-Hali namoz ham qilmayman degin?
-Namoz?
-Unday bo’lsa, qayoqdan so’fi bo’lib qolding?
-So’fi bo’pmanmi?
-Qani so’filar bilan taychi ta’limotining farqi nimada ekan, o’rgandingmi?
-Oz-moz…
-Nima ekan?
-So’filar o’zlarini himoya qiladilar, taychi ustalari esa boshqalarni. Taychida qoida qonundir, uni buzishing mumkin emas.
-Sen esa buzding. Davlat mulkini shaxsiy maqsadda ishlatding. Bilasanmi, universitet kompyuterini davlatga qarshi ishlatganing uchun necha yilga kesilasan?
-Oka, davlatga qarshi nima qibman?
-Tilingni kesib tarnovga ilib qo’yaman. Nega adi-badi aytvotsan? “159”ga ilintirib qo’yayinmi?
-159?
-Buni ham bilmaysanmi? Go’l ekansan-ku?
U endi o’zbekcha gapira boshlagandi, nechta tilni biladi o’zi?
-Qara bola, hamma jinoyatlaringni bilamiz.
-Qanaqa jinoyat? Bunaqa narsa yo’q-ku? Men taychi bo’yicha olimpiadaga chiqmoqchiydim, xolos.
-Kimning hisobidan chiqmoqchisan? Shunchalik ustamisan?
-Har kuni uch-to’rt soat mashq qilaman…
-Bilamiz mashq qilishingni. Olimpiadaga boradigan odam taychining oltinchi qavatiga chiqqan bo’lishi kerak. Oltinchi qavat nimaligini bilasanmi?
-Bilaman. Hal qiluvchi zarbani ura oladigan bo’lishi kerak.
-Bir zarba urish bilan ishni bitirish!
-Ha…
-Tayvanda necha kishining ishini bitirganingni bilamiz. Pinagingni ham buzmay odamlarni o’ldirganingni o’zing ham tomosha qilasanmi?
U shunday deb televizor tomonga qaradi. Televizor yonidagi eshikdan esa birinchi ustam bilan adam kirib kelishdi.
-Bo’ldi-e, bolani qiynab yubordingku!-deb adam biz tomanga keldilar.
Meni so’roq qilayotgan kishi o’rnidan turib adamga joy berdi.
(Davomi bor)
Filed under: Kundalik | Tagged: Jahongir Mamatov, oltinchi qavat, so'filar |
[…] Lotinda o’qish uchun […]