OLTINCHI QAVAT
Prezident tansoqchisining kundaligi
1. Taychi
Ismim Taymur. Aslida Temur deb ot qo’yishgan. Hujjatimni yozgan odam “Taymur” deb yozgan. Nega bunday qilgan bilmayman. Ammo o’zimga yoqadi. Temur degan ot tiqilib yotibdi, Taymur esa bitta. U ham menda.
Faqat Prezident “Taychi” deydi. Bu menga yoqmaydi. Xuddi kamsitganga o’xshaydi. Ammo buni unga qanday aytaman? Haqqim yo’q. Faqat jim turishim kerak, hatto meni ursa ham. Uning savollariga ham javob bermasligim kerak. Uning soyasiman-da. Soya gapirmaydi. Qoida shunaqa.
Qoidani uning o’zi buzdi. “Soya”ni gapirtira boshlatdi. Shunda ham oz gapirishga harakat qilaman. Gaplar ko’nglimdan toshib ketmasligi uchun kundaligimga yozib qo’yaman. Aslida bu ham qat’iyan mumkin emas. Bilib qolishsa sudsiz-tergovsiz yo’qolaman. Shart shunaqa va o’zim ham bunga rozi bo’lib hujjat imzolaganman.
Kundaligimni prezidentga hujum bo’lsa ishlatishim kerak bo’lgan qalqonning ichida saqlayman. Doim o’zim bilan. Prezident menga juda ishongani uchun birov tekshirib ham ko’rmaydi. Munosabati sovub qolgudek bo’lsa, nima qilishni bilaman, rejasini tuzib qo’yganman.
Biz yashagan joyni “Svetlana” deyishardi. “Dom”ning ostida shu nomdagi magazin bor edi. Biz beshinchi qavatda turardik. Oilada bitta bolaman. Oyim va adam maktabda ishlardilar. Oyim urus adabiyotidan dars berardilar. Adam fuzkulturadan. Ular boshqa maktabda ishlardilar, men boshqa maktabda o’qirdim.
Uyga kelishim bilan eshikni ichkaridan bekitib, balkonga chiqardim. Balkonimizdan tramvay yo’li ko’rinib turadi. Bekatda doim odam gavjum. Odamlarni tomosha qilishning o’zgacha gashti bor. Bittasi “stolba”day qotib turadi. Bittasi tramvay yo’liga qayta-qayta chiqib hali u tomonga, hali bu tomonga qaraydi. Boshqasi u yoqdan bu yoqqa yurib turadi.
Bir kuni kinoteatr tomondan besh-oltita bola bekatga kelib baqir-chaqir qila boshlashdi. “Stolba” bo’lib turgan bir kishi bilan aytishib qolishdi. Keyin uni turtib-surtib tramvay yo’liga chiqarishdi. Qolgani bir soniyada yuz berdi. Haligi kishi sakrab havoda uchgandek, raqs tushgandek karate qila boshladi. Bir sekundda hammasini tramvay yo’liga tizib qo’ydi. Keyin qayoqadir g’oyib bo’ldi.
Har kuni qarayman, lekin uni ko’rmayman. Ko’rsam ham baribir tanimayman. Ammo unga o’xshagim keldi. Adamga:
-Karatega o’qimoqchiman,-desam.
-Aqling endi kirdimi?- dedilar.
Bu deganlari bejiz emas. Meni bolalikdan karate klassiga berganlar. Ikkita qora kamarim ham bor. Lekin maktabda adabiyotga qiziqib qoldim. Adam “karatega borasan” desalar, oyim “bormasin” deydilar. Ular har kuni janjal qilardilar. Men she’r yodlardim. She’r aytishni sevardim.
Xullas, adam yana karate klassiga boshlab bordilar. Karate deb o’ylasam bunisi taychi klasi ekan. Trenerimiz “tayzuan” ham deydi. Bolalar “taychuan” deyishardi.
-Bu musht bilan urishning oxirgi chegarasi. Bitta urishda bitirish degani,-derdi trener.-Aslida bitta chertishda ishni tugatish. Buni usta Chen yaratgan. Xitoyda…
Har kuni sokin musiqa ohangida raqsga tushgan kabi harakat qilamiz. Avvaliga zerikarli edi. Keyin adabiyotga o’xshab o’z ichiga tortdi. Har bir harakat she’r kabi ohangrabo. Yod olishni sevib qoldim.
Uch-to’rt yilda tramvay yo’lidagi bola kabi osmonda uchmasam ham yozda Tayvanga borib o’qib kelish uchun yo’llanma berishdi.
Tayvanda tushundimki taychi bu katta filosofiya maktabi ekan. Buni odam o’ldirish filosofiyasi deb atagim kelardi. Ammo bu fikrimni aytishdan cho’chirdim. Chunki ustalarim xafa bo’lib qolishardi. Ular har qancha faylaso’f bo’lishmasin oxirida gapni bitta keskin chertish, bitta harakat bilan odamni o’ldirishga olib borishardi.
-Rostdan ham bitta chertishda odamni o’ldira olasanmi?-Prezident ishga olingan kunim shu savolni bergandi.
“Taychi, meni ham chertib qo’yma” degan gap o’tdimi ko’nglidan deb o’ylagandim. Yo’q, uning ko’nglidan o’tgani boshqa narsa ekan…
Jahongir Muhammad.
(Davomi bor).
Filed under: Oltinchi qavat | Tagged: Jahongir Mamatov, O'zbeklar, oltinchi qavat |
[…] Lotinda o’qish uchun […]