Yiqilmas chinor
Biz bobolari, o’tmishdoshlari bilan juda ham faxrlanadigan xalqmiz. Lekin ba’zan rejimgagina yoqqanlarni qo’shilib maqtaymiz, yoqmaganlarini eslamaymiz. Xuddi Sovetlar Ittifoqini uzoq yillar davomida zir-zir titratgan Boymirza Hayitni yodga olmaganimiz kabi.
Boymirza Hayit Turkiston tarixining 20-asrdagi chinorlaridan biridir. Yana ham aniqroq aytsak, ulkan chinori. Chunki Turkistonning 20-asrning birinchi yarmidagi tarixini yoritishda unga teng keladigan boshqa olim yo’q. O’sha davrda yo’q edi va haliga qadar yo’q.
Oqni oq, qorani qora degani uchun uni “Vatan xoini” deb atadilar. Bu ibora unga nisbatan o’z mazmunini yo’qotdi va vatansevar anglamiga keldi. Chunki o’sha kezda vatanini Boymirza Hayit kabi kuchli sevadigan boshqa odam bo’lmagani va “Vatan xoini” kalimasi doim unga qarata aytib turilgani uchun ham bu ibora o’z mazmumini o’zgartirdi.
bungacha Sovet rahbariyati uni yomonotliq qilamiz, yiqitamiz deb ko’p urinishdi.
Politbyuro ko’rsatmasi bilan
Sharof Rashidovni bilasiz. Bilmasangiz ham eshitgansiz. O’zbekiston yozuvchilar uyushmasining raisi, uzoq yillar O’zbekiston kommunistlarining sardori bo’lgan. Shu odam Boymirza Hayitga qarshi maqola yozgan desam ishonmasligingiz mumkin.
Sharof Rashidovning 1958 yil, 27 sentyabrida Moskvada chiqadigan “Literaturnaya gazeta”da “Tuhmatchiga” degan maqolasi chop etilgan. Keyingi kuni bu maqola barcha o’zbek nashrlarida ko’chirib chop etilgan. Ayni kunda shu maqola boshqa respubliklardagi gazetalarda ham chiqqan. Mazkur “asari”da Rashidov Boymirza Hayitning Shvetsariyadagi “Bazler naxrixten” deb nomlangan gazetadagi “ Moskva Sharqning ma’naviy hayotiga suqulib kirmoqda” deb nomlangan maqolasini qattiq tanqid ostiga olgan.
Aslida Rashidov yozgan bu maqolani tanqid deb bo’lmaydi. Bir so’z bilan haqoratnoma deyish mumkin. Unda Boymirza Hayit “firibgar”, “unter-yolg’onchi” kabi og’ir kalimalar bilan qoralangan. Bu maqolani Rashidov o’zicha yozarmidi va butun mamlakat bo’ylab ixtiyoriy ravishda ko’chirib bosisharmidi? Bu ish faqat va faqat Kremlning buyrug’i bilan bo’lishi mumkin. Kremlning ham kichkina odami emas, “kottakon”larining buyrug’i bilan. Boymirza Hayitning maqolasi haqiqatdan iborat bo’lgani va Moskvaning fikrida yotgan rejalarini ochib tashlagani uchun ham Kremlning yuragini zirqiratgan.
O’zbekiston kommunistlarining yo’lboshchisi Sharof Rashidov o’sha “mashhur” maqolasida jumladan shunday deb yozadi:
“Butun dunyodagi million-million kishilarga shu narsa ayonki, B. Hayit “mustamlaka Turkistoni” degan umumiy nom ostida atagan bizning O’rta Osiyo respublikalarimiz xalqlari chinakam teng huquqli bo’lib olganlaridan keyin, Sovet hokimiyatining qirq yili mobaynida o’z xo’jalik taraqqiyotining shu qadar yuqori bosqichiga ko’tarildilarki, o’z milliy madaniyat va san’atlarini shu qadar barq urdirdilarki bunga kapitalistik mamlakatlar havas qilsalar bo’ladi.” (“Qizil O’zbekiston”, 30 sentyabr, 1958 yil).
Rashidov o’z maqolasining davomida Boymirza Hayitni “ig’vogar”, yozganlari “fisqu fujurdan iborat”, “misi chiqqan safsata”, “be’manigarchilik” der ekan “Ig’vogarning yugurgani somonxonagacha…” deb xulosa qiladi.
Bugunga kelib ko’rib turibmizki, Boymirza Hayitni qoralagan sovet ideologiyasining o’zi somonxonadan joy topdi.
Sharof Rashidovning Boymirza Hayit haqida ana shunday ruhdagi bir nechta maqolasi bor. Demak, Boymirza Hayit sho’rolarni shu qadar larzaga solganki, unga qarshi katta bir respublikaning rahbarini, KPSS Markaziy Komiteti ustunlaridan birini ishga solishgan.
Afsuslar bo’lsinki, O’zbekiston mustaqil davlatga aylangach ham bu haqiqatni ko’ra olmadi. Hanuz Rashidov ulug’lanmoqda, Boymirza Hayit unuttirilmoqda.
Sovet Ittifoqi bo’ylab
Boymirza Hayitga qarshi nafaqat O’zbekiston miqyosida, balki butun Sovet ittifoqi bo’ylab kurash olib borilgandi. Masalan, Tojikistonning ramzi hisoblangan Mirzo Tursunzoda nomidan 1959 yilning 11 iyunida “Literaturnaya gazeta”da chop etilib, keyin barcha mahalliy nashrlarda tarjimasi e’lon qilingan “Tuhmatning umri qisqa” sarlavhali maqola bunga misol bo’la oladi.
Bu “asari”da Mirzo Tursunzoda, jumladan, shunday deb yozadi׃
“Hayit o’zining maqolanamo uydirmalarida Turkiston “Sovet mustamlakasi” degan ma’noni isbotlash uchun o’zini yuz yoqqa uradi. U “Turkiston” degan eski iborani bekorga ro’kach qilayotgani yo’q. Turkiston turklar yurti deganidir. Mana shunga asoslanib bu nodon “turkiston millati” degan allaqanday afsonaviy millatni yuzaga keltirib chiqarmoqda…Hayit shallaqilik bilan “Turkiston fojiasi”ni tasvirlaydi, 1924 yilda ruslar Turkistonni besh qisimga bo’lgan emishlar… Hayitlar naqadar quturib so’lak oqizmasinlar, Sovet O’rta Osiyosi Osiyo xalqlariga so’nmas mash’al bo’lib nura socha beradi”. (“Qizil O’zbekiston”, 14 iyun, 1959).
Qarang, Rashidov kabi Mirzo Tursunzodaning ham “tili o’tkir”.
Shu ruhdagi “o’tkir” maqolalar Turkmaniston, Qozog’iston va Qirg’izistonda ham uzluksiz chiqib turgan.
Masalan, “Kommunist Turkmenistana” jurnalining 1959 yil 5-sonida Boymirza Hayitning “Turkiston 20-asrda” deb nomlangan kitobchasi hujum ostiga olinadi va adib “krokadil ko’z yoshlari” to’kib kommunizmning porloq yo’liga g’ov bo’lishga tirishadi, deb tanqid qilinadi.
“Kommunist Turkmenistana” ayni sonida A. Ilyosov, K.Novoselov imzosi bilan “Burjua millatchisi Boymirza Hayit haqiqatni bekita olmaydi” degan maqolaga ham o’rin ajratgan.
“Partiynaya jizn Kazaxstana” jurnalining 1959 yil 3-sonida N. Sagindikov, A. Shamanov imzolari bilan “Haqiqat yolg’ondan kuchli” degan maqola bosilgan. Unda ham ayni uslubda haqorat bilan to’lib toshgan gaplar, Sovetlarni ulug’lash va Boymirza Hayitni kamsitishdan nariga o’tilmagan. Boymirza Hayitning iddaolariga qarshi aniq faktlar qo’ya olmagan kommunizmning no’noq ijodkorlari uning shaxsini haqoratlash va kamsitishdan nariga o’tolmaganlar.
Kimlar yozmagan u kishiga qarshi. Jumhuriyatlarning birinchi rahbarlaridan tortib mana man degan yozuvchilariga qadar. O’zimizning yozuvchimiz Oybekdan tortib, vazir Said Shermuhamedovga, sovetshunos Laziz Qayumovdan boshlab yozuvchi Mirmuhsingacha o’zbekning minglab taniqli shaxslari Boymirza Hayitni “vatan xoini” deb yozdilar. Uning mustaqillik g’oyasi chirigan g’oya ekanligini va aqlga sig’dirib bo’lmas gapligini bot-bot urg’uladilar.
Ha, SSSR degan imperiyaning ideologiya mashinasi u kishiga qarshi tinmay ishlab turgan. Sovet matbuotida Boymirza Hayitga qarshi ikki mingdan ziyod maqola chiqqan va bari tuhmatu haqoratdan iborat. Birortasida u kishining ozodlik borasidagi fikrlariga qarshi jo’yali fikr bilan javob berisholmagan.
Chunki ustoz Boymirza Hayit o’z fikrlarida ming chandon haq bo’lgan
U yo’qoladi degan mustamlaka yo’qoldi.
U yiqiladi degan SSSR yiqilib ketdi.
U ozod bo’ladi degan Turkiston xalqlari rus istibdodidan qutuldilar.
U mustaqillikni chirmab olgan zolim rejimlar istibdodi barham topadi, degan edi, bu ham amalga oshmoqda.
Bu fikrlar haqoratga, kamsitishga emas, hurmat qilishga, qoyil qolishga loyiqdir.
O’zbekiston qahramoni degan unvon beriladigan bo’lsa, xalqlar qamoqxonasi hisoblangan SSSRni zir titratgan Boymirza Hayitga berilishi kerak!
Lekin mana shunday imperiyani qaltiratgan farzandi borligini ozod O’zbekistonda o’zbekning o’zi hali tushunib etgani yo’q.
Jahongir Mamatov.
Filed under: Yaxshi odamlar | Tagged: Boymirza Hayit, Jahongir Mamatov |
Leave a Reply