Nofiziy Amriqo safarida. Hajviya. (5)

bbTrashkent

Nyu York safarimni davom ettirib, “Eskijuva” nomini olgan Brayton Bichga bordim. Eskijuva bir paytlar Toshkanning “yuragi” edi. 24 soat tinmasdan “yurardi”, kecha-kunduz gupillab turardi.

Brayton Bich biznikilar urushlarsiz bosib olgan Bruklinning “jigari” ekan. Bir jigarki, serroz bo’lishiga oz qolgan. Hamma yog’i idrab to’kila boshlagan, axlatxonaga aylangan “jigar”, ustidan eskirib ketgan poezdlar taqa-taqa ezib o’tadigan “jigar”.

Samarqandliklar “Jigar jigar ast, digar digar ast” degan gapni shu joyda to’qigan bo’lishsa kerak? Hamma bir-biriga jigar, hamma biriga digar bu yerda.

Bizga nima? Ho’kiz bo’lsin sut bersin, chinor bo’lsin tut bersin.

Bitta do’konning eshigini sharaqi ochib ichkariga kirdim. Odamning olasi tugul, bolasi ham ko’rinmaydi. Xuddi maskali ninzalar hozirgina chiqib ketgandek sukunat. Birdan prilavkaning orqasida kalla ko’rindi.

-Xabaryu!-dedim.

Amriqoda hamma bir biriga yo “Xabaryu” yoki “Xavdudu” derkan.

Kalla birdan gavdaga aylandi va ishonasizmi yo’qmi, o’zbekcha javob qildi:

-Bugun hech qanaqa xabar yo’! Gazit hafatada bir chiqadi.

Suhbatimiz qo’r oldi:
-Oka, man sizga inglizchalab gapirsam, siz o’zimizdan ekansiz-ku?
-Betta begona yo’, hammasi o’zimizdan, hatto o’risu jugutlar ham o’zimizdan.
-Xudoga shukur o’rischa javob qilmadingiz.
-O’rischani endi o’rganvomman. Betda o’rislar uje o’zbekcha gapirvotti.
-Inglizchani suv qib ichvorgan bo’salaring kerak?
-Inglizcha Amerika tomonga o’tganda kerak.
-Bu yer Amerika emasmi?
-Bu yer Brayton bich, Nyu York! Hali betdan chiqqanimizcha yo’q, vaqt bo’gan emas.
-Brayton bichga qachon kegansiz?
-O’n yil oldin survorganmiz.
-Borib keb turasizmi, vatanga?
-Qatta? Bu yerga kirib olish bor, chiqish yo’q. Pasport eskirgan, o’zimiz “nelegal” bo’b qoganmiz.
-Shu alpozda yuraverasizmi, o’zingizni “legal” qib omaysizmi?
-Ko’pchilik “legal” bo’b oldi. Manam poylab turibman. Besh-olti kishi yana qo’shilsa, OONni oldiga borib “O’zbekistonda revolyutsiya qilamiz!” deb suratga tushib kelamiz. Qolganini advokatlar “yopishtiradi”.
-Oka, “O’zbekistonda revolyutsiya qilamiz!” deb va’da bersangiz ko’p odam ishonadi, odamlar shuni kutvotti, ularni aldab qo’yib, bu vaziyatdan qandoq chiqasiz?
-Prosto! Aybni o’zbekistondagilarning bo’yniga qo’yamiz. Bizga qo’shilmading, biz bilan birga kurashmading, deymiz, vassalom, gap tamom, ishim omon, eshagim yomon.

Shu payt boshiga aylana do’ppi qo’ygan bittasi kelib, suhbatdoshimga:

-Nega laqillavossan, bor anu musirlarni olib chiq, trashkentga tasha,-dedi. Hayron qoldim, bular Toshkanni “trashkent” derkanmi yoki ko’chaga shunaqa nom qo’yganmi? Keyin bilsam, “trashkan” degani Toshkan emas, axlatquti ekan. Farqi nima? Bir Toshkanni borib ko’rsin, axlat qutisiga aylangan.

O’ylab o’yimga yetmasimdan chiralak do’ppili menga yuzlandi:
-Xizmat?
-O’zim shundoq.
-Ish kerak bo’lsa eshikning oldida e’lonlar taxtasi bor, derazaning yonida esa reklama gazetalari.
-Shunchaki sayohatga kegandim.
-Hamma ham sayohatga keladi, men ham, ana ular ham sayohatga keganmiz, bu yerda ishga kegan odam yo’q.
-Men rostdan ham sayohatga keganman, erta-indin qaytib ketaman.
-Ha, deport chiqdimi? Problema! Birorta harakat-marakat, partiya-martiyaga qo’shilib oling, deport to’xtaydi.
-Men inglizchani bilmayman, qolganim bilan birim ikki bo’maydi.
-Ja qiziq ekansiz, betta o’zbekcha va ruschani bilsangiz bas. Amerika tomonga o’tsangiz “uznglish” kerak.
-Bu nima degani?
-Bu bor yo’g’i bitta gap: “No inglish, yes uzbek, Uzbekistan… no Pakistan, Uzbekistan!” degani. Shuni bilsangiz bo’ldi. Shuni ham uddalay olmasangiz qaytib ketavering. Lekin qarzni kim uzadi?
-Qaysi qarzni?
-Bizzi sodda deb o’ylavossizmi? Betga hamma qarz bilan keladi, okam. Dastlabki ikki-uch yil qarz uzishga ketadi. Balki siz…

U birdan kiyimlarimga tikila boshladi. Vokzalda tunaganim uchun unga fursat bermay apal-tapal javob qildim:
-Nofiziyman!
-Nima, nofizik?
-Yo’q, fizikman, Nobel mukofotini olgan fizikman!-dedimda chiqib ketdim. U baqirib qoldi:
-Bu nimaga kegan o’zi, kalbasa olmoqchimidi?

Eshikdan tashqariga chiqsam besh-o’nta o’zbek to’planib turibdi. Mardikor bozori ekan. Bittasi latifa aytib, qolganlari qang’ar-qang’ar kulvoti.

-Alish urusga ko’kidan berib, pravani ogach, qo’shnisining mashinasini haydab, kichkina bir yo’lda mashq qivotgan ekan. Orqasiga polisay “ilinibdi”. Tez haydasa tez haydarmish, sekin haydasa sekin. Bir balo qib undan qutulmoqchi bo’pti. Qarasa bitta uyning oldida joy bor, shartta o’sha tomonga buribdi.
Orqasidan polisay kelib to’xtabdi.

-Betta nima qivosan?-debdi uruschalab polisay. Alish polisay o’zimizdan ekan deb xursand bo’lib ketibdi:

-Bratan, rabota, znaesh, rabota, ottuda suda, a eta dom, meniki, moy, panimaesh, moy, kupil, mnogo, mnogo denga daval, anuka zaxadi, chay budem pit!

-Bu sizning uyingizmi?-debdi polisay o’zbekchalab.

-Toza ham o’zimizdan ekansizku? Okaginam, bu uy o’zimniki bo’may kotta xolamniki bo’ladimi? Biroz qimmatakan, ammo ko’zni g’irt yumib, shirt ovordim.

-Voy, blin, nahotki xotinim uyni sotdi?

Polisay shunday deb ichkariga yuguribdi. Alish mashinani ham tashab qochvormoqchi ekanki, polisay qaytib chiqibdi:

-Xudoga shukur, uyim sotilmabdi, qani ichkariga, yuvamiz,-debdi.

Shundan beri har kun kechqurin Alish borib polisayning pollarini yuvib kelarkan.

Bunaqasidan o’zing asra, Xudoyim, dedimda tuyoqni shiqillatib yubordim.

Nofiziy.

2012.

Nomani oqqa ko’chirgan: Jahongir Mamatov.

Leave a Reply

Please log in using one of these methods to post your comment:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out /  Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out /  Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out /  Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: