Amerika o’zimizning “Amir aka” degan gapdan kelib chiqqanini bugun butun dunyo biladi. Bilmaganlar bilib qo’ysin.
Zotan dunyoda birinchi o’zbeklar paydo bo’lgan, ikkinchi o’zbek tili va qolganlarning hammasi uchinchi.
Men bilan tortishmoqchimisiz? Yutqazasiz. Dalillarim dalalarni bosib yotibdi. Nechta kerak? Toqatni to’qillatib turing.
Bundan ming yillar oldin safarga chiqqan o’zbek gasterbayterlari aylanib-aylanib bitta joyga kelib qolishibdi. Ularni nimadir chaqaveribdi.
Ha, endi bir qarich joyda sakkiz kishi yotgandan keyin nima bo’ladi? Kechasi bilan hamma:
“Bu nima?”, “Bu nima?” deb baqirarmish.
Oxiri bitta o’zbek gasterbayter xurrakni kesibdida:
-Shuni ham bilmaysanlarmi, go’salalar, bu axir kana-ku,-debdi
-Nima?
-O’l-e, balo, shuni ham bilmaysanmi, nima bo’lardi, kanada!
Buni eshikning orqasidan eshitib turgan eskimoslar “kanada”, “kanada” deb yugurib ketishibdi.
Ko’rdingizmi, Kanadani ham o’zimiz kashf qiganmiz, xuddi Amerikani ochganimizdek.
Bitta Amerikani emas, butun Amerika qit’asini o’zimiz kashf qigan.
“Chilla” degan gapimiz bormi? Bor! Mana sizga Chili qattan kelib chiqqan.
Boliviyachi? Topdingiz. O’zimizning “bol”dan.
Urugvay-chi? Ha, yashang “urug’voy”dan, Panama bo’lsa, haligi bolalarimiz kiyib yuradigan panamkadan. Mayli, davlatlarni qo’ying, buni hamma biladi.
Mana betta Tinch okeani bor ekan. “Tinch” degani o’zbekchami? Buni rad qiladigan topilmasa kerak. Ruschasida “Tixiy Don” bo’lishi mumkin. Inglizlar “Oshin” der ekan. Demak, o’zimizning “osh”dan olingan. Atlantika-chi? Ha, barakalla, topdingiz, “Atla, atla” deymizku suvni ko’rganda, ana o’shandan.
Amerika qit’asini Beruniy bobomiz topganda Kolumbning ishtoni orqasiga sanchoqlab qo’yilgandi, degan gapga siz ishonmang, man ishondim.
Nyu Yorkni aylansam markazini “Manxattan” der ekan. Bitta o’zbek adashib, o’zining qayerdan kelganini unutib “Manqattan?”, “Manqattan?” deb so’ravergandan keyin shu nom qolganda. Inglizlar “q” harfini aytolmas ekan. Aytolmagandan keyin nima bo’ladi? “Manqattan”, “Manxattan” bo’ladida!
Bu ham mayli, o’zbeklar bosib olgan Bruklinchi? Betga birinchi bruk kiyib kelgan brukli o’zbekning nomiga qo’yilgan. O’shanda ham hamma ishtonsiz bo’gan, bitta brukli gasterbayter keb qogan va shu bilan sivilizatsiya boshlangan.
Dunyoning lyuboy joyini oling, hammasi o’zbekcha. Mana eng katta voqealar qatta bo’voti? Birinchisi, Misrda. Bitta urus “Bu nom bizning “Musor”dan kelib chiqqan, ishonmasang Tahrir maydonini borib ko’r, hamma yoq musor” deb qoldi. Shartta og’ziga tepdim. Misr degani “Bu sir” degani? Dalilmi? Bor dalili. Taxtdagi odam qamoqqa, qamoqdagi odam taxtga. Sirmi, ha, bu sir!
Suriyaning nomi o’zbekcha “sur-sur”dan kelib chiqqan. Hozir Amriqo bilan Urusiyat orasida sur-sur. Doim bu joylar sur-sur bo’b kegan.
O’zim bitta boboydan eshitganman. Sipohilar chegarada uxlab qolibdi. Bobur Mirzo “Turlaring, kunduz, tong!”, degan ekan, ellikboshilar “Kunduz, tong!” deb baqirishibdi. Keyin “Kunduz, tong” mahalliy shevaga aralashib “Hindiston” bo’lib ketgan ekan.
Biz bugun ana shu o’zligimizga, ana shu tariximizga qaytmoqdamiz. Buni Nyu Yorkda o’z ko’zim bilan ko’rdim. Butun dunyo bizniki ekanligini tushunib qolib, o’sha joylarni qaytadan kashf qivommiz.
Nyu Yorkda endi “O’zbekiston”, “Samarqand”, “Buxoro”, “Turon”, “Turkiston”, “Toshkent”, “Farg’ona”, “Vodiy”, “Osiyo”, “Ipak yo’li”, “Amir Temur”, “Nargiz”, (beochered kirolmaysiz, hargiz), “Shahlo”, “Ra’no”, “Muqaddas”… Bu nomlar O’zbekistonda araq va vinolarga qo’yilayotgan edi, betta araq-vinolar ichiladigan oshxonalarning tepasiga yozilgan. Butilkaga yozilgandek oshxona peshanasiga yozilgani qiziq tuyular ekan. Sho’r peshana oshxona!
Bugun “Nargiz”ga bordik. Ana shashlik, mana shashlik, ana lag’mon, mana lag’mon (quloqqa osish yo’q)…
Demak, ota-bobolarimiz yo’lidan olg’a! Peryod! Tag’in uruscha so’z yozibdi demang. Bu “piryod” degandan kelib chiqqan. Pirlarni yodga olish degani-Piryod!
Nofiziy.
2012.
Nomani oqqa ko’chirgan: Jahongir Mamatov.
Filed under: Nofiziy | Tagged: Jahongir Mamatov |
Man sizga koyilman adash aka shuncha azobga chidabsiz man siz bilan . man har doim toza qalb insonlarni qidiraman va ularni xurmat qilaman hydo holasa haqiqat egiladi lekn sinmaydi !!! Hechqachon.