Nofiziy Amriqo safarida. Hajviya. (7)

askiyaFan-fara

Amriqoda “kultur shok” degan gap bor ekan. Bu degani orzular diyoriga kelgan har qanday odam boshqa madaniyatning to’riga ilinib, shokka tushadi. Shokdan komaga o’tganlar ham tiqilib yotibdi. Lekin biznikilar orasida shokni shokillatib tezda amriqolik bo’lishga ulgurganlari ham topiladi.

Shundaylardan bittasi katta xolamning eriga jiyan tushadigan, bolalikdagi do’stim Qoraboydir. Uni topishim bilan hazillashib nomini inglizchaga tarjima qilib yubordim. U bir sakrab qo’li bilan og’zimni yopdi:

-Mumkin emas, bu so’zni aytish mumkinmas,  ja aytging kelsa “n.” harfi deyishing mumkin!

-Bizda qora tanlilarni…,-deb ulgurdim, u yana og’zimni yopdi va:

-Bilaman “n.” deysizlar, bilaman, lekin bu yerda mumkin emas, bildingmi, og’zingni yirtib orqangga  tikib qo’yishadi,-dedi.

Keyin u menga nima mumkinu nima mumkin emasligini o’ragata boshladi:

-Bittasini orqavarotdan buralab so’kking kelsa “f”. deb qo’yasan.

-Hamma so’kishlar bitta harflikmi? Bir nechta harfliklari yo’qmi? Masalan uch harf?

-Sizlardagi “uch harf” bu yerda ham “uch harf”, faqat uni aytsang  baloga qolasan, seni ham “uch harf” deb orqangga iliqishadi.

-Unda Niagarani ham “n.” deysizlarmi?

Gap shundaki, Qoraboy bilan Niagara sharsharasiga borayotgan edik. Uning sirli-sinoatli harflarini tushunmaganim uchun gapni shu tomonga burishga urindim. U kuldida, yana o’z o’zaniga tortdi:

-Uchinchi barmog’ingni yakka holda ko’rsatma!

-O’rta barmoqmi?- Shunday deb unga o’rta barmog’imni ko’rsatsam:

-Tushir, birov ko’rib qolmasin,-dedi. Shimni kiyib, “magazin” ochiq qolib ketgandek bitta mashina “g’iz” etib, bizni quvib  o’tdi. “N.”simon bir ayol bizga naqd uchinchi barmog’ini yakka holda, stolba qilib ko’rsatib ketdi.

-Unga mumkinu menga mumkin emasmi?- deb shartta qo’limni derzadan chiqarib orqasidan barmog’imni ko’rsatdim.

Qoraboy qo’limni tortdi:

-Mashinani sekin haydaganim uchun u haqorat qilib ketdi,-dedi.

-Unda javobini oldi, nega qo’limni tortasan? Innan keyin, men o’ng qo’limni ishlatvomman, nega sen chap qo’limni tortasan?

-E, mening pravam yo’q.

-Pravang bo’masa nega mashina haydaysan?

-Qanday bo’b kep qolding, qoidani buzmasam birov mushugimni “kisht” demaydi.

-Hey, amriqolik, “kisht” emas, “pisht”! Buning ustiga ana tag’in bittasi uchinchi barmoqni ko’rsatib ketdi.

-U ham ayol, ko’rsataversin, o’zida yo’q narsani menga ko’rsatsa, osmon uzilib yerga tushmaydi-ku?

Xullas, bir necha soatdan beri yo’ldamiz. Belda bel, qorinda el qolmadi.

-Hammayoq suvku, Niagarani ko’rmasak bo’lmaydimi?-dedim Qoraboyga.

-Bugun tarixiy kun. Bittasi 116 yildan keyin ilk bor sharsharaning ustidan tortilgan trosda yurib, u mamlakatdan bu mamlakatga o’tadi.

-Nimasi tarixiy? O’zimizda bunaqa dorbozlar tiqilib yotibdi. Ana, O’zbek-Qirg’iz chegarasiga bor. “N”.suvning ustidan o’tganlarning son-sanog’i yo’q. Ular ham bu mamlakatdan u mamlakatga o’tishadi.

-”N”. suving nimasi?

-O’zing aytdingku qoraning o’rniga “n.” harfini ishlat deb. Qorasuv demoqchi edim, qo’rqib “N.”suv deb yuboribman. Ke, qo’y, oshna, haliyam qaytaylik, shartmi shuncha yo’lga borib?

-Unday bo’lsa seni muzeylarga olib boraman.

-Yo’, yo’… muzey-puzeyni ko’rishga toqat yo’q. Mayli “N.”ga boraveramiz.

-Niagara deyaver.

-Adashib ketsam nima bo’ladi?

-Adashib ketsang “f.”!-Negadir uning jahli chiqa boshladi.

-”F.” emas. “Q.Q.”,-dedim men ham pas kelmay.

-Bu nima nima deganing? Nega so’kinasan?

-So’kinmadim, “Qoraboydan qutilaman” deganim. Bilganimda kelmasdim, hali ham o’zgarmabsan!

-Nega kelmasding, bolalikdan do’st bo’lsak.

-Oldin o’qishga borib, harflarni o’rganardim, keyin kelardim.

-Bo’pti, Niagarani ko’raylik, seni Ontarioga tashlab qo’yaman, ketaverasan u yog’iga.

-U yog’i qayoq?

-Qayoq bo’lardi, “f.”  vodiysi,-dedi u rosmanasiga jahli chiqib.

-Bu nima deganing qishlaqi?

-Bu “falon”lar vodiysi degani, bildingmi?

-Zo’rku, sening inglizchang bilan mening o’zbekchamda ham “f.” bitta ma’noni berar ekan,-dedim kesatiq bilan.

-Falon hamma joyda falonda tashlaqi!

Uning bu gapidan rosmanasiga jahlim chiqib ketdi:

-Unday bo’lsa nega “f”. demay “falon” deyapsan tashlaqining “t.” si!

Qarang, o’zbek tilida kashfiyot qilib yubordim. Bundan keyin “tashaq” demasdan “t.” deyishga o’taylik. Bu madaniyroq.

Qoraboy baqirib yubordi:

-”F”,”f”,”f” !

-Voy ablah, voy “t.”, nima devossan?

-Faloncha falonchining faloni…

U shunday deb mashinani taqa-tuq to’xtatdi va men tomondagi eshikni shaqa-shuq ochib, “to’rt tomoning qibla, ko’zdan yo’qol jibla” degandek “Tush” dedi. Baxtimdan aylanay, shu payt yana bitta ayol bizga o’rta barmog’ini ko’rsatib o’tdi. Men ham unga ko’rsatib-ko’rsatib orqasidan yugura boshladim.

Bir payt qarasam, Qoraboy yalinib – yolvorib mashinasiga mindirdi. U endi tilini tishlab, jimgina ketvotti. Mening esa kulgim kevotti. Bu  ”kultur shok” degani “kuldirchoq” ekanmi-a?

Kultur shokmi, kuldirchoqmi, o’zingga nasib etsin, Qoraboy! ”F.” deb gapirishni o’rganmaganim ma’qul. Nimagami? Toshkanga qaytaman. Qaytishim bilan to’xtatishsa, adashib “f.” deb yuborsam, nima bo’ladi? Biznikilarning tuxumida – kallaxumida bitta “f.” bor. U ham bo’lsa, hov tepadagi “falonchi”. Bunga ham parvo qilmay “f”, “f” deb yuborsam-chi, falonchining farmonini nazarda tutib? Darhol, elektrashok׃

-Qani ayt, “f” , “f.” degani nima?

-Falonchining farmoni!-deyman.

-Bekorning beshtasini aytibsan! He…

Boshlanadi׃ “gurs-gurs”, “qars-qurs”, “shaq-shuq”, “voh-voh”, “xo’p-xo’p”…

To’tiga aylanaman, aytganlarini qaytaraman׃

-“F.” “f.” degani bu “Falonchiga falonim” degani!

U yog’ini o’zingiz bilasiz, ishlar “f”- “f. bo’ladi, ya’ni fan-fara! Dab-dala!

Nofiziy.

2012.

Leave a Reply

Please log in using one of these methods to post your comment:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out /  Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out /  Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: