Nofiziy Amriqo safarida. Hajviya. (8)

saylovTO’FON

Niagaradan eshakday horib-sorib qaytarkanmiz, oshnam bir do’stinikiga boshladi. Tavba qildim, eshak desam, eshakka yo’liqdim. Eshikning bir tomoniga eshak, ikkinchi tomoniga filning surati ilib qo’yilgan. Oshnamning oshnasi bizni qarshi olarkan, eshakka tikilib qolganimni ko’rib, “hm” deganday bosh silkitdi. Nimadir demoqchi edi, ammo kaminangiz yodimga tushgan bitta latifani ayta boshladi. Aytib olsam, aytib oldim. Bo’lmasa esdan chiqib qoladi. Esxaltaning og’zi ochildimi, oltinni olishim kerak. Aks holda ninaning dumiga aylanadi. Topolmay yuraman..

Oshnamga “Tarjima qil”, dedimda latifani qo’yib yubordim:
Bir kishi eshakni xalacho’plab kelayotsa, yo’lda mirshab to’xtatibdi.
“Dakumetingiz?”
“Dehqonman, manda dokunet nima qiladi?”
“Birinchidan, dokunet emas, dakumet, ikkinchidan, dakumet bo’lmasa, jarimani kimga yozaman, eshakkami?”
“Uka, qo’ying shuni eshakka emas, menga yozing, eshak hali yosh”
“Bu nima deganingiz?”
“Aytdimku, bu hali yosh, dakunetiga kir tushmasin, ulg’aysa melisalikka qo’yaman”
Shunday deb vahahalab kulsam, oshnam ham, uning oshnasi ham suvdan chiqqan mushukdek bo’lib turishibdi.
-Nima gap? Tag’in “n.” deyishim kerakmidi, yoki “f.” mi?
-Bu kishi demokrat…
-Demokrat bo’lsa latifaga kulmasin degan qoida bormi?
-Tushunmading, bu “eshak”, xotini “fil”…
-Odam maymundan paydo bo’gan deyishardi, bular eshak va filning avlodlarimi?
-E, senga aytmovmidim, Amriqoda demokratik partiyaning simvoli eshak, respublikachilarniki-fil. Bular er xotin qarama qarshi partiyada. Eri ukemetda, xotini muxolifiyatda.
-To’ppa to’g’ri, shunday bo’lishi kerak. Bizda ham qaysi xonadonga kirmang, shu hol, faqat biz “it-mushuk” deymiz, bu yerda “eshak-fil” ekan, narmalni!
-Ammo bular har kuni tilbezorga chiqib bahs qiladilar, o’z partiyalarini himoyasiga mahkam turadilar. Baqir-chaqir… Keyin quchoqlashib uyga qaytadilar. Ayniqsa hozir saylov kampaniyasi, bularning olgani oltin, sotgani kumush. Vaqtlari tig’iz, choylarini ichamizu ketamiz.

Bularning choyi muzdek bo’larkan, muzxonada turarkan. O’lgan kunimdan endi ho’playman degan edimki ular vahimaga tushdilar. Tilbezorning hamma kanallarini “aylantira” boshladilar. Hammasida “ti-ti” degan ovoz bilan ekranning ostida va ustida nimadir yozmoqda. Demak, nimadir bo’ldi? Yomon gapga o’xshaydi.
-Biz ham eshitmay qolibmiz, bular ham,-dedi oshnam.
-Nimani?
-To’fon kelayotgan emish…

Birdan oshnamning oshnasi va uning fan do’xtiri unvonli xotini yugur-yugurlab podvalga kirib ketishdi. Ularning orqasidan biz ham tushdik. Padvalda bir haftalik ovqatlar zapas qilib qo’yilgan ekan. Endi o’rtaga olgandik, jizzaxchasiga “lip” etib, svet ketvordi. O’l-a, maqtagan amriqoing shumi? Sizlarda har kuni o’chib turadi, deb ustimizdan kulishardi, o’zlarida ham shu ahvol-ku? Alixo’ja Valixo’ja, ichgan-ichmagani go’ja! To’fon keladi degan gapga sveti o’chvordi. Agar to’fonning o’zi kelsa nima bo’ladi?

“Eshak” bilan “fil”ning padvalida generatori bor ekan. Tirillatib yubordi, podvalning chiroqlari yondi-qoldi. Tashqariga chiqmay, miq etmay o’tirdik. Padval ham padval ekan. Bir tomonda tenis stoli, ikkinchi tomonda bliard. Bittasida “eshak”, ikkinchisida “fil” o’ynasa kerak-da? Boshqa tomonda osiladigan turnik. Bu “eshak”niki, ammo “fil” ham osilib tursa kerak? Nariroqda ustidan sakraydigan “eshak”. Olimpiyskiy eshak. Bunisi “fil”niki. Xotinidan o’ch olish uchun “dik-dik” eshakning ustidan sakrab turadi. Bu narsa ularning muomalasidan ham sezilmoqda. “Fil” tinmay “eshak”ka qani, qani degandek “honey, honey” deydi. Bu “ix” deganimi yoki “ish”mi? Savolimga oshnam tirjaydi:
-Galava, bu asalim degani!
Demak, “eshak”ni asalim deyishadi. Qani “eshak” “fil”ni nima der ekan? Kuzatdim, u ham “asalim” deb qo’ydi.

Muxolifat bilan hukumat bir-birini g’ajib turishi kerak emasmi? Topsa-topmasa bir-biriga tosh, kesak otish kerak. Bizning qoidalar bo’yicha hukumatdagi “eshak”, muxolifatdagi “fil”ni allaqachon SNBga sotgan va u bir qamalib chiqib, chet ellarga qochib ketgan bo’lishi shart. Balki “fil”ni SNB yuborib, “eshak”ning qo’yniga tiqib qo’ygandir? Shu yo’l bilan uni nazoratga olgan bo’lsa-chi? Bu yoqlarda svet o’chmaydi deyishardi. Mana o’charkan? Shundan ekan, bu yoqlarda ham SNB ishlashi mumkin.

Xullas, ikki daqiqaga deb kelgan joyimizda padvalda tunab qoldik. Ertalab tursak, svet yonibdi, ammo mintaqada bir million odam svetsiz ekan.

Tilbezorlar ag’darilgan daraxtlaru yo’llarda uzilib yotgan elektr simlarini ko’rsatmoqda. Mashinalar dabdala, uylar dabdala, lekin uchta shtatdan faqat ikki kishigina o’libdi. Bizda bo’lganda hamma narsa joyida qolib, bir million odamning dabdalasi chiqardi. Mozor ham pozor bo’lardi buncha odamni sig’dira olmay.

Bitta narsa diqqatimni tortdi. Hamma xabarlarda ayni engil mashinani daraxt bosib qolganini qayta-qayta ko’rsatmoqda. Sababini so’rasam, oshnam tushuntirib berdi.

Bittasi juda qimmatbaho mashina xarid qilibdi. Bechora, bulutning qadri yo’q oy yonida, faqirning qadri yo’q boy yonida, deb gerdayib yurish uchun qimmatidan olgan-da! To’fon kelishini eshitib, mashinasini panaroq joyga “tortaman” desa, paq etib, daraxt bosib qolibdi. Bechora “g’iyq” ham deyolmay jon beribdi. Kambag’alning jon bergani bilinmas!

Bo’lgan bo’ldi, o’lgan o’ldi, mashinani esa sug’urta tiklab berarmish. Telefon ishlamasa ham go’shak yangi, er o’lsa, to’shak yangi! Kecha eri qimmatbaho mashina mingan bo’lsa, endi xotin minadi.

Ular ham “eshak” va “fil” bo’lsalar kerak? To’fon kelishini eshitgan “eshak” “fil”ni aldab-suldab tashqira chiqarganov? “O’ling-e dadasi, ko’tingizni ko’taring bundoq, to’fon kelayotgan emish, yap-yangi mashina tashqarida qoladimi? Unga oz pul berdikmi? Ikki o’g’lim ikki mamlakatda ishlab topganini-tutganini to’plab-to’plab yubordi, dunyoning puliga shu zormandani oldik, endi to’fonning ostida qoladimi?” Bu yog’i o’zbekcha bo’ldi-a? Lekin bizda sug’urta yo’q, borlikka boru, ammo yo’qda. Oti bor egari yo’q, keti bor, jigari yo’q.

“Eshak” bilan “fil” bizni kuzatib qolar ekanlar, men hali ham ezilgan mashina haqida o’ylayotgan edim. Axir, arzonrog’idan olganda, egasi temir-taqa deb tashqariga chiqmagan va tirik qolgan bo’lardi. Qarang, Amriqoni buncha maqtashadi, lekin betta ham ko’zni qimmatiga tikish kasali bor ekan. Maqtanma jo’ra, qupquruq o’ra!

O’zimizdan farqi yo’q deymanu ammo “eshak” bilan “fil”ning bir uyda yashagani, yashaganda ham er-xotin bo’lib yashagani bizda hech qachon bo’lmasligiga garantiya bera olaman! Chunki bizda “eshak” bor, “fil” yo’q.

Nofiziy.

2012.

Nomani oqqa ko’chirgan: Jahongir Mamatov.

One Response

  1. Jahongir aka, 6-qawat davomi buladimi. Oxirgisi “Oltin Tangala” bilan tugovdi. Ijodizga Allax janada baraka bersin.
    Muxlisingiz
    Abdullox

Leave a Reply

Please log in using one of these methods to post your comment:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out /  Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out /  Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: