Iltimos, siyosat, din va sevgi haqida yozishimni kutmang ham, yoz deb qo’limdan tutmang ham. Aqli mixlar-mashoyixlar nima degan? Bu uchta masalada og’zingni yirma, bekorga gapirma, bahsga kirma, juningni qiy, tilingni tiy! Agar ko’rpani sirsang, bahsga kirsang, onangni Puchqo’rg’ondan, otangni Kuchqo’rg’ondan ko’rsatishadi. Xo’sh, oq terakmi, ko’k terak, bizdan sizga nima kerak?
Aqli mixlar-mashoyixlar avval kavob topishgan, keyin birgalashib bunga javob topishgan.
1.Siyosatga qarshi bosh ko’tarmaysan, osh ko’tarasan, faqat bo’yinsunasan.
2.Din haqida gap ochilsa, tappa gungsan, latta mungsan, faqat eshitasan.
3.Sevgi masalasida imi-jimida harakat qilasan, bo’lmasa uloqni quloq olib ketadi.
Bu ming yillik gap. Bilmagan odamning o’zi yo’q, O’zbeklarning orasida. Chetda bilishmas ekan. Amriqoda ko’zlarim ting bo’lib ko’rdim, quloqlarim ding bo’lib eshittim, din haqida bahslashaverib hammasi dindorga aylanib ketibdi.
Siyosat hatto hojatxonadagi, esingizdami, maktab hojatxonasining devoriga yoziladi-ku, o’sha yozuvlarning bosh mavzusi. Hamma so’kar, hamma birdan cho’kar ekan, avval o’y surar, keyin bo’yinsunar ekan.
Sevgi degan narsaning “s” harfi ham qolmagan. Yigitning “Sevaman” degani “devaman” degani. Devani bilasizmi, bukri-chi, ha borakala, tuya. Qizning “Sevaman” degani “Bevaman” degani.
Uydagi gap ko’chaga, bizdagi gap Amriqoga to’g’ri kelmaydi deb o’ylagandim. Ammo “kimchi”dan boshlangan gap, nimchaga taqalgandek, nimadandir gap ochildiyu mashoyixlarimizning gaplarini tarjima qilib yubordim. Ana kulgi, mana kulgi, kulganda inglizlarning ham ko’zidan shapar-shupur yosh oqar ekan. Yoppiray!
Jirafaga o’xshab oxirida o’zim ham ularga qo’shilib, eshilib kuldim. Sababini o’layki tushuna olmadim. Jippa jiddiy gap aytsam, bular shuncha kulvorishdi.
Uyga borganda oshnam tushintirib berdi, bizdagi “harakat”ning oti bu yerda “akshin”, fe’li “akt” emish. Ana shu “akt” degani itga “fas” degani kabi kuchga ega ekan.
Qoraqalpoq birinjni oshlab keladi, gap gapni boshlab keladi, deganlari rost. “Fas” degani sevgi qolib siyosatni eslatdi.
Rahbar-saxbarlik kayfida siyosat maydoniga kirgan odamning yonida kamida ikkita buldogi bo’lishi kerak. Maydonda kim unga ola qaradimi, “fas” deydi. “Cho’k” desa tuya ham cho’kar, “So’k” desa biya ham so’kar. Tamom, buldoglar o’sha odamni g’abir-g’ubur eb tashlaydi. Bu fohishaxonim Kleopatra degan ayoldan qolgan me’ros. Lekin “fas”ni “fas-fas”ga, uzoq yo’lni bir pasga aylantirib yuborsa maydonda odam-modam qolmaydi, buldoglar qonga ko’nikadi. Oxirida egasini eb qo’yadi. Lekin Kleopatraga o’xshab yo Tsezarning ostiga yotishdan yoki o’zini ilonga chaqtirishdan buldoglarga em bo’lgan yaxshiroq.
Amriqoda Barakbekni yomonlab oltmishdan ortiq, har biri bir yostiq kitob chiqibdi. Maqola-saqola emas, naqd kitob. Demak, maqolaning soni va sanog’i yo’q. Ammo Barakbek bittasiga ham qarshi yozmabdi. Faqat onda-sonda buldoglariga “fas” deb qo’yarkan, tamom. Buldoglar akillab raqibning oyog’iga endi tirmashaman, deganda zanjirni tortarkan. Barakalla Barakbek! Agar buldoglar tishlab olsa bormi, tamom, Barakbekka Oq uy qora uyga aylanarkan. O’rik o’rikni ko’rib oqarar, deydilar, lekin bizda-chi, o’rik o’rikni ko’rib turshakka aylanar.
Ko’rdingizmi, bizga Amriqodan o’rganadigan ko’p narsa bor, desam, “Boring bilan bor-e!” deb qo’l siltaysiz. “It bo’lgandan keyin g’ajishi kerak, buldog bo’lgandan keyib eb bitirish kerak-da, o’zbekchasi shunaqa” deysiz. Agar o’zbekchasini gapiradigan bo’lsak, bizda buldog terisni yopinib, buldogday qopinib egasining o’zi ham hujumga o’tib ketadi. Ovchilikdan ovcharkalikka bir qadam. “Lip” etib rahbar-saxbarning o’zi jang maydoniga kiradi.
Shunaqa, jang maydonga kirish bor, ammo siyosat, din va sevgi masalasida bahsga kirish yo’q. Gumbur gumbur momoqaldiroq, chaqmoq ko’rmay bobo qaltiroq.
Nofiziy.
2012.
Nomani oqqa ko’chirgan: Jahongir Mamatov.
Filed under: Nofiziy | Tagged: Jahongir Mamatov, oq terak |
Leave a Reply