Amriqodan vatanga qaytish oldida azgina “ko’ki”dan karmanga solmoqchi bo’ldim. Nyu Yorkda yigitlar:
-Aka “stroybayt”da ishlash qo’liyizdan kelsa, yuring, ishdan keyin “ko’ki”ni yaraqlatib -jaraqlatib naqd sanab beradi,-deb qolishdi.
O’libmanmi, bormay? Bolaligimda hovlimizni paxsa bilan o’raganda men ham loy tepgandim. O’shanda “tepishga usta ekansan”, deb ustaning o’zi maqtagandi. Shuni eslab yigitlarning qulog’iga tepdim:
“Liboy ish bo’lsa bajaraman, eng katta ustadan oq fotiha oganman!”
Yigitlar “Oshin bulvar”da to’planib turar ekan, “Koni ayland” degan tomondan bittasi “marshrutni taksi”da kelib, terib olarkan.
-Bratan, yangi keldingizmi, Samarqanddanmisiz?
-Yo’… Toshkandanman.
Sho’tta xato qibman. Agar samarqandlik bo’lsam, nasiyaga ob borarkan. Boshqa joyliklarga:
-Aka, peshnihod,-der ekan.
-Bu nima deganingiz, uka?
-Avval “ko’ki”dan uchtasini cho’zing, degani.
-Hali boraylik, ter to’kib, beton so’kib “ko’ki”dan olaylik, innankeyin uchtasi sizniki.
-Bunaqa gapni ko’p eshitganman, nasiyani Nasim tortmaydi.
Shundan bildimki, shoferning ismi Nasim ekan.
-Nasimjon, menga ishonavering, kennoyingiz Samarqanddan?
-E, shunaqami, qaysi joydan? Pochcha ekansizku?
O’layki, biror joyning nomi tilimga kelmay qoldi. Quloqqa tepganda til osilib qoladi, yer bosilib qoladi, deganlari shu bo’larkan.
-Sadteppadan,-dedi yonimdagi yigit jonimga ora kirib.
-E, Istam akamlarning mahallasidanmi?
Istam akasi kim bo’ldi, deb o’ylab turgandim, uning o’zi akasining tarjima holi, yuzidagi xoli qolmay aytib berdi. Lektsiya tugaganda aqldan ketgandik, lekin manzilga etgandik.
-Istam akamning hurmati, mayli “ko’kan”ni kechda olaman,-dedi Nasimjon.
Qurilishning kottasi “Buxoriy akamullo” ekan.
-Dril ishlotgonmisiz?-dedi u salomimga alik ham olmay.
-Dril?
-Bundoq devolga dirillotadigon!
Hayron bo’lib qoldim. Devorga qarab dirillatadigan nima ekan? Bu masxara qilmayaptimi? Yoki meni devorga qarab shirillatadigan deb o’yladimikan?
-Bu bacha hali go’solaku,-dedi u xayolga botganimni ko’rib.-Xamerni bilasanmi?
-Kim bilmaydi xamirni?-dedim jahlim chiqib. Uning “go’sola” degani etmish etti suyagimni zirqiratib yuborgandi.
-Xamir emas Xamer!-baqirdi u.
Birdan esimga Salimboy aka minadigan mashina tushib qoldi.
-Akamullo bizda “Xammer” deydi, ikkita “m” bilan yozadi, ba’zi go’salalar uni “Xamer” ham deydi.
-San bacha rostan ham go’sola ekansan! Man sanga xamerni aytoppan, malatok, bildingmi?
-Akamullo, bilarkansiz, xamir-samir demay, birdaniga malatok deb qo’ya qomaysizmi?
Akamulloning battar jahli chiqdi:
-”Akamullo” deb masaxara qilish O’zbekistonda qogon, ber Amerika, bos deysan?
-Bos deyman? Kimga kimni?,- deya kesatdim.
Amriqoda demokratiya, xoxlagan gapingni ayta olasan, deb eshitgandim. “Akamullo” ham bilarkan buni tili echilib qoldi:
-Idiot, chto li? Ot kuda nashli etoga duraka? Bunga otboyniy malatok beringla, mabu betonni chiqorsin!
Yonimdagi yigit engimdan tortib ikki barbog’ini bir-biriga ishqadi. Bu “tilingni tiy” gapiraversang “franklin”ni ololmaysan, degani bo’lsa keragov deb tilimni tishladim.
O’zimga o’zim “Gapdan qolding, bu kuningdan o’lganing yaxshi emasmi?”, deb “otboyni malatok”ni arang ko’tarib, sarang betonning ustiga tiradim. Tirab turaverdim, turaverdim, “niq” ham etmaydi, “piq” ham etmaydi. O’layki nima qilishni, qayerini bosishni bilmayman, so’rashga ham uyalaman, xuddi qizning qo’lini ushlamagan kuyovday.
Bitta hamshahar:
-Hov, otboynikni ko’rganmisiz? Knopkasi ruchkasining tagida,-dedi.
Xudoga shukur, yordam qiladigan odam ham bor ekan, man bo’lsam nega buni “otboyniy malatok” der ekan, deb xunob bo’lib yotibman. Bu malatok-salatok emas, otboynikning o’zi-ku? Xullas, otboynikning knopkasini bosdim ham “miq” etmadi.
-Endi ruchkasidan tutib, betonga bosing, -dedi haligi hamshahar.
Bosganimni bilaman, otboynik dirillab ketdi, unga qo’shilib sochimning uchidan oyog’imning tirnog’igacha ham dirillab ketdi. Qo’limni ruchkasidan olsam ham otboynik dirillab ketaverdi, ketaverdi – hali u tomonga, hali bu tomonga. Hamma zirillab qochmoqda – hali u tomonga, hali bu tomonga. “Akamullo” ham tovuqning iniga kirib ketgan.
Bir payt bilib qoldimki, ruchkaning bittasini qo’yib yuborib, ikkinchisini mahkam ushlab turibman ekan. Otboynik meni tortib yuribdimi, men otboyniknimi, tushuna olmadim.
Tushunganim shu bo’ldiki, oyog’im osmonga ketib, gursillab bir joyga yiqildim. Qolgani esimda yo’q.
Ko’zimni ochsam, “marshrutni taksi”ning shoferi Nasimjon yuzimga urib turibdi:
-Istam akamning hurmati uchun bugungi qarzni keyinchalik berasiz, avval tuzalab keting,-dedi.
U yog’-bu yog’imga qarasam ko’ylagimni yirtib, boshimga bog’lab qo’yishibdi.
-Nima bo’ldi?
-Boshingiz yorilgan ekan.
-Bint-mint yo’qmidiki, ko’ylagimni bog’lashdi?
-Aka, bu yerda bint nima qiladi? Shukur qiling, bruk va tursik joyida.
Qarasam, bruk yirtilib tursik ko’rinib qolibdi. Endi bildim, tursigim ko’k rangda ekan. O’zimda “ko’ki”dan bor ekanu man bo’lsam “stroybat”dan qidirib yuribman, degan g’irt ahmoqona gap o’tdi xayolimdan.
Bu yog’iga nima bo’lganini so’ramang, hamma joyim bintlangan, liboy joyga tirasa o’pirib yuboradigan otboynik bo’lib qaytayapman. Ha, vatanga qaytayapman, olti oyda “Vo!”, keyin “rasVo”, deyilgan vatanga qaytayapman!
Netayki, Amriqodagi ahvolimdan so’ng “Vo!” vatanim! “Vo!” vatanim!
Nofiziy.
2012.
Nomani oqqa ko’chirgan: Jahongir Mamatov.
Filed under: Nofiziy | Tagged: Jahongir Mamatov |
Leave a Reply