Aylanib-saylanib, avtobusda oyoqlarim uxlab-muxlab Nyu Yorkka yetib keldim.
Birinchi qilgan ishim mahallamizdan bu shaharga kelib, o’rnashib qolgan sinfdoshimni qidirish bo’ldi. Unga sim qoqdim. Hazillashib “Toshkandan telefon qivomman” dedim. Odatdagidek uning jag’i shalop etib tizzasiga tushdi:
-Haliyam beshinchi tramvayga osilib Toshkanda yuribsanmi? Ketmaysanmi u pivoning bo’tqasi bosgan shahardan. Mana bu yoqqa kel, mashina desang mashivotti, uy desang qalashivotti, ovqat desang achivoti, yesang oldingda, yemasang ham oldingda…
Sinfdoshim vaysab tursin, sizga nega “Toshkandan telefon qivomman” deganimning sababini aytay.
U hammomda go’laxi edi. “Go’laxiy” taxallusi bilan she’rlar ham yozgan. Zo’rlari ham bor, mana bunaqa:
“Ayg’ir qochsa uyurdanooov,
Biya qochsa bu yerdanooov
Ho’kiz qochsa siyirdanooov,
Nega sen qochmaysan?”
Shunday deb o’zi qochib ketgandi. Qochish tarixi ham bor.
Bir kuni hammomning ayollar bo’limida jo’mrakning “qo’li” sinib qopti. Suvsiz qolgan xotin-xalajning qiy-chuvidan, santextikni topolmaganidan boshi bolta, ko’ti kunda bo’lgan hammomchini chetlab, go’laxi ichkariga kiribdi:
-Hamma ko’zini yumib tursin, men jo’mrakni tuzataman,- debdi.
Birdaniga jag’lar yopilib, ko’zlar to’silibdi. Olomonning orasidan ham bitta aqlli chiqqandek, hammomda ham kallasi kalbasa bo’lmagani topilibdi. O’sha sochi uzun, aqli ham kalta bo’lmagani barmoqlarining orasidan ko’rib qolibdiki, go’laxi ularni laqillatib, endi tomosha qilib o’tirgan ekan.
Osmon uzilib yerga tushibdi. Go’laxi ishdan haydalgani maylikuya lekin ori bor erlarning kaltaklaridan ham qochib, Qozog’istonga o’tib ketibdi. U yerda OONga “Meni ukemet quvib yuribdi” degan ekan, muxolifiyatdan hujjat so’rashibdi. Kimdir unga falonchining dushmani falonchi, uning o’zini maqtab, dushmanini qoralab maqola yozsang, tavsiyanoma beradi, debdi. Go’laxi nimani yozaman deb tursa, maqolani yozib ham berishibdi. Unga barmog’iga tup-tuplab imzo bosish qolibdi, xolos.
Shunday qilib, Nyu Yorkka kelib qolgan. Lekin u ovozi ukki, biri ikki bo’lmaydigan toifadan. U sekin keb, tekin yeb, to’xtamay otishni va xo’rillab yotishni istaydi. Go’laxi bo’lsin, olov yoqmasin. Mardi bo’lsin, kori bo’lmasin.
Mana endi u katta bir shaharning latta bir meyeri bilan oshnaligi, restoran ochvolib meyer bilan qittay-qittay, shittay-shittay qilishlari, O’zbekistonning elchisi har kuni kelib oyog’ini o’pib, topganini qo’pib ketishini aytvotti.
Uning bu gaplariga boshqa birov ishonishi mumkin. Chunki osmonda chet elning harbiy samalyoti ko’rinsa ham “Shu paytgacha Xudoga ishonmasdim, bugundan boshlab namoz o’qishni boshlayman, bu Xudoning menga ko’rsatgan karomati” deb o’zini tappa tashlaydigan bizning odamlar bunaqangi go’laxilarning gapiga asfalat bo’lishadi.
Hozir bir “suzib”, Go’laxining o’pkasini uzib beraman. Bu sensatsiya bo’ladi:
-Oshna sho’ttaman, sening shaharingda, adresingni ayt, taksi bilan kevomman!
Telefonning narigi tomonida bir yillik jim-jitlik boshlandi. Faqat go’laxining lars-lars nafas olishini eshitaman, xolos. O’lib-netib qolmasin, deb yana o’zim gapirdim:
-Vashingtoniyada edim. Bir hafta falonchi akaning mehmoni bo’ldim, seni ham bir ko’rib ketish orzuim bor, nima deding go’laxi?
Endi nafas olish ham eshitilmay qoldi. Eh, avom. Uning hayotini qutqazish uchun harakatda davom:
-O’sha meyerga aytsang ham bo’ladi, u kutib olib sanikiga olib boradi, o’zing ovora bo’ma. Balki O’zbekistonning elchisiga aytsang mening ham oyog’imni o’pib-o’pib, senikiga olib borarmidi?
Ha, tilim qursin-a? Go’laxi oshnamning kimligini bilgan holda nimalar deb qo’ydim. Telefon shartta uzilib qoldi.
Mana endi qancha urinmayin, qancha surinmayin zaynit. To’xta, balki u meyerga yoki elchiga telefon qilayotgandir? Afandiga o’xshab o’zim ham o’zimga ishona boshladim. Nima bo’lsa ham o’zbekmanku? Ishonmay qaysi go’rga borardim? Xayriyatki taksida emas, vokzaldaman.
Oshnamga nomer tashlayverib, oxiri sotkam o’lib qoldi. Batariyasini zaryadka qilaman desam odnorazoviy ekan. O’le-e! Ana u boyvachcha okamdan ham xafa bo’ldim. Shunaqa telefon ham olib beradimi? Olib bersang “Ayfon” olib bermaysanmi, sayfon!
Mana endi vokzalda ketganning ketiga, kelganning betiga qarab Go’laxiyning she’rini xirgoyi qib o’tiribman:
“Oyog’idan qulaganlar turaaarmish,
Tayog’idan qulaganlar turaaarmish,
Qayog’idan qulaganlar turaaarmish,
Sen turolmaysaaan,
Sen yurolmaysaaan,
Tilingdaaan qulaaading!”.
Nofiziy.
2012.
Nomani oqqa ko’chirgan: Jahongir Mamatov.
Filed under: Nofiziy | Tagged: Jahongir Mamatov |
Leave a Reply