Nofiziy Amriqo safarida. Hajviya. (2)

soyaTAQQOS

Paqqosdan keyin taqqos deydilar. Amriqo ajabtovur-sajabtovur mamlakat ekan. Kecha mashinada ketayotsak “xumkalla odamlarga oid xabarlar”ni eshittik. Do’stim piqir-piqir, shiqir-shiqir kula boshladi. “Ingliz tilini bilmay o’l, do’stingni nazarga ilmay o’l”, dedim o’zimga o’zim.

Mana endi undan “Nimaga kuldingiz, menga ham aytib bering”, deb so’rashim kerak, unga yalinishim-salinishim kerak. Balki u baloni ham tushinmagandir? Menga o’zini ko’rsatish uchungina kulgandir?

Uni sirtmog’ida bo’g’moqchi bo’ldim. Endi savolga yutingandim, uning o’zi gap boshladi.

Oregon degan joyda bittasini boshqasi uyga qamab qo’yibdi. Bundan shubhalangan qo’shnisi sekin devordan tushib, mo’ralab-so’ralab poylabdi va qamab qo’yilgan odamni ko’rib, ishonch hosil qilgach, politsiyaga “Ayfon” uribdi. Formadagilar “ji-ju” bilan kelib, so’roq-suruqdan keyin qo’shnini ushlab, kabinkaga solib, qamoqqa olib ketishibdi va unga devordan birovning hovlisiga o’tganlik aybini qo’yishibdi, bepichoq so’yishibdi.

Tavba, nimasi kulgili? Bularning kallasi qishlamaydi, shuning uchun ham ishlamaydi. O’shalar qo’shnisidan bezor bo’lib, uni jazolash uchun shunday qilgan bo’lishsa-chi?

Stop, stop. Man ham ikki kunda amerikalik bo’lib ketdimov? Unaqamas, o’shalar yo mirshablarga pora qistirgan yoki hov tepadagi odamiga telefon qilgan. Bor gap shu. Mana bunisi ammo o’zbekcha bo’ldi. A, labbay?

Do’stim labim qiyshaymagani, yuzim tirshaymaganini ko’rib boshqasini ayta boshladi.

Georgiya degan joyda bittasi naqd 400 mingta tish kovlagich o’g’irlabdi. Bunga hingirgina kulib yubordim va “Bizdan bo’lsa kerak” dedim. Kovlaydigan narsaning bozori kimda chaqqon, tabiiyki bizda-da! Har holda u O’zbekistonga sotaman degan bo’lsa keragu, lekin mirshablarning ko’ziga ilinibdi. Nichevo, tish kovlaydigan qolib, ish kovlaydiganlar o’rtaga chiqib, bosti-bosti qilib yuborishadi. Pul bo’lsa Muzlandiyada, tanish bo’lsa Tuzlandiyada ham olov yoqish, polov topish mumkin.

Eshak munchoq toj bo’lmas, it uzumi tok bo’lmas, degan gap boru lekin tish kovlaydigan biznikilarning qo’lidagi kovlaydiganning yonida dinozavrdan qil.

Nega biznikini ham o’g’irlab ketishmaydi-a? Ammo zo’r ish bo’lardida!

Qarang, bittasi ichvolib taksi deb politsiya mashinasiga qo’l ko’taribdi, politsiya ham erinmay mashinasini to’xtatibdi, haligi odam o’zini guppa mashinaning ichiga tashlab, “kettuv” der ekan. U nafaqat mast, balki “haydar”dan ham otgan, tekshirib ko’rishsa, qidiruvdagi jinoyatchi ekan.

Demak, Amriqoning politsiyalariga ja oson. Jinoyatchilar o’zlari o’zlarini tutib berisharkan!

Bizda bo’lsa besh shishani bo’shatib, emaklab-semaklab qolgan odam ham mirshabni ko’rsa, maynasiga uradi, xodadek tik turadi. Mirshab o’tib ketishi bilan esa guppa yiqiladi. Tovuqning uchgani tomgacha!

Shimoliy Karolina degan shtatda o’g’rilarning bittasi adashib do’konning signalizatsiyasini bosib yuboribdi, trevoga bo’libdi.

Boshqa bittasi politsiyaning mashinasini o’g’irlab qochaman, desa uning ham signalizatsiyasi ishlab ketibdi.

Xudo hamma sohadan amriqoliklarga yordam berar ekan-da? Bizda bo’lsa mirshabning mashinasini o’g’irlayman degan odamning o’zi yo’q, bor bo’lsa ham so’zi yo’q.

A xo’p, o’g’irlading, keyin nima qilasan? Otang Almatov, tog’ang Matlyubov bo’lsa ham ishing chataq. Sani g’irillatib chet elga chiqarvorishadi. Tepadagi dodaning qulog’iga borishdan qo’rqishadi. Onangni ko’rasan keyin manga o’xshab.

Mana man ham xayol suribman, nochor yuribman, dumba yog’ini sog’inib, o’z yog’ida dog’inib. Bu ablahlar dumba yemay, to’shakka kemay qo’yganiga ming yil bo’lganmush.

Ko’rdingizmi, mening Amriqo taassurotlarim voobshe boshqacha.

Hali sizga ko’p gaplarni aytib beraman. Qanday viza oldimu qanday kep qoldim va yana va… va… va…

Ammochi, mana bunisiga olti ketdim. Ikkita amerikalik kafega kirib u yerda o’zlarining Facebook sahifalarini tekshirib, keyin kafedaan bir qancha narsani o’marib ketishibdi.

Darhol ular o’zlari ishlagan va yopmay ham olmay ketgan kompyuterdan “iz”larini topib, g’irra borib, tirra ushlab kelishibdi.

Buni yarmi bizdan, yarmi bulardan. Bizda ham kafega kirib istagancha “voh…voh” saytlarni ko’rib, keyin bir narsa o’marib ketish odat. Lekin mirshablarning topolmasligi ham odat. Chunki ular kopyuterning qutisini ko’radilar, ichini ko’rolmaydilar.

Bittasi manga shipshituvdi, “Borsang Amriqoni ko’p maqtama, qaytib kelolmaysan” deb, men qaytib ketmoqchi. Qaytib borish niyatim o’lgan emas. Ammo bir narsalar so’la boshladi, o’la boshladi.

Chayon cho’qqa tushganda o’z nishini o’ziga tiqar, o’zini yiqar ekan. Galvarslar meni chayon deb yurmasin, hozir o’zini ilonga ham, chayonga ham tenglatish modaga aylangan. Chunki shunaqalarni hurmat qilish boshlangan, og’izlari oshlangan. Shuning uchun ayttim qo’ydim-da!

Nofiziy.

2012.

Nomani oqqa ko’chirgan: Jahongir Mamatov.

Leave a Reply

Please log in using one of these methods to post your comment:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out /  Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out /  Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out /  Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: