Nofiziy Amriqo safarida. Hajviya. (1)

mashinalarDO’ST

Hozir Amriqo safaridaman. Do’stimning uyidagi kompyuterdan “Facebook”dagi sahifamga kiraman, desam mezmon qarshilik qildi. Jonim halqumimga keldi. Mehmon otangdan ulug’, do’sting tog’angdan degan gap bor, nega qarshilik qilasan?

Yuziga qarab shunday deb yuborishim mumkin edi, ammo u ham ters-qo’rs odam, shartta-shurtta eshikni ochib, zahrini sochib ko’chani ko’rsatsa nima qilaman? Tilimni tishladim.

Mayli chidab turay. Uch-to’rt kun ishdan qolib, moshinasiga mindirib u yoq-bu yoqni tomosha qildirdi, restoranlarga olib bordi, yana bir-ikki kun dollarining belini sindiraylik, so’ng xayr-xo’sh, endi men bo’sh!

Ketganimdan keyin bir narsani bahona qilib, orani uzaman. O’z nomim bilan yozsam omi odamlar “tuzini yeb tuzligiga tufuribdi” deyishadi. Yo’lini topib buni yasayman.

Hali sanmi “Facebook”dagi sahifamga kirishga qarshilik qiladigan?

U avzoyimning tempraturasi chiqa boshlaganini sezdida boshqa kompyuterni olib kelib berdi. Vot, blin, buning nechta kompyuteri bor o’zi? Pulni qattan ovotti? SNBning odami emasmikan? Yo’g’e, meni o’n yildan beri sotgan emasku? Balki zapasga olib qo’ygan bo’lsa-chi?

Seravno unga ishonch yo’q. Bir million dollarga uy olibdi. Qattan oladi buncha pulni? Nima emish, Amerikada uylarni qarzga berarmish? Latifangni jiyaningga aytsang, ishonmasa, menga ayt. Hey, senga man ishonmaymanu Amerika ishonadimi? Seni birovning qo’li bilan tikan yulib yurganingni taxmin qilgan edim, mana endi ko’zim bilan ko’rib turibman, qo’llaring tilinmagan, qora mehnatning ko’chasi nima, so’qmog’idan ham yurmagansan!

Xo’p, unda ana “BMV” va “Mersedes”larni qattan oldi? Uni ham qarzga berishganmi? Tekin bo’lsa mix yutadi odamlar. San ham ancha-buncha temir taqqa yutibsan?

Gapni aylantirib-aylantirib qancha maosh olishini so’radim. Amerikada buni aytish mumkin emas emish. Lag’monni qulog’imdan olib, basharasiga otgandek, bir qochiriq savol bergandim, qulog’imga tepdi. Falon pulmish. Bekorning beshtasini aytibsan. O’zbekka shuncha maosh beradigan Amriqoni hali Kolub-Polumb kashf etmagan, sen kashf etasanmi?

Eshitganman, o’zbeklar Nyu Yorkda 24 soat tinmay ishlasa ham azgina gadoy haqi berarmish. Hali u yerga borsam, o’z ko’zim bilan ko’rsam, uni ham sizga aytib beraman. Lekin endi mushuk ham bekorga oftobga chiqmaydi, bilib qo’ying, shirafurushning shirasi bor, ortish, tortish kirasi bor. Buni ham hisobga oling. Men tekinga ashula aytadigan havaskor hofiz emasman. Uyingizdan joy berasiz, kamida.

Do’stim deganim eski kopyuterni ishga solib, o’zi do’konga ketvordi. Kop-kotta uyda bir o’zim qoldim. Aylanib chiqdim. To’rtta alohida-alohida mehmonlar o’tiradigan joy. Bitta yana kotta zal. Besh-o’nta yotoqxona. Saunadan tortib, besh-olti vanna ham bor. U uyimni ko’rib chiqsin, deb tashlab ketgan yoki o’ziga ishonch uyg’otmoqchi. Voy ablahey, shuncha ham ayyor bo’lasanmi-a?

Qachon qaytishini bilganimda-ku ana u yangi kompyuterlarini ishlatib turardim. Odam ham shuncha xasis bo’ladimi? O’tiradigan stol-stuliga qarang? Xalqimiz nima ahvoldaku bu shohona stol-stullarni sotib olgan?

Nazarimda uy isib ketdi, nafasim qisib ketdi. Tashqariga chiqmoqchi, xayollarimni yiqmoqchi bo’ldim. Uyiga birov kirsa trevoga bo’ladigan narsa o’rnatgan ekan. Uni o’chirishning kodini aytib ketdi, lekin ishlatishga qo’rqdim. Manimcha, u ataylabdan qilgan. Adashib-madashib tugmalarni bossin va politsiya kelib o’g’ri deb ushlab ketsin, deb shunday qilgan. Sovuningda o’zing kir yuv!

Xullas, uydan chiqmay bo’g’ilib o’tirgandim o’zi qaytib keldi. Bir mashinani to’ldirib, ko’zlarimni o’ldirib narsa olibdi. Itimning bog’i yo’q, yegani qora charros bo’lsin deganda. O’zini ko’rsatib qo’ymoqchi, g’addor. O’ylab o’yim buzildi, asabim asov otga aylandi, boshimga, innankeyin qornimga og’riq kirdi. Topdim, bu nega buncha narsa olib kelganining sirini. Qornim og’rib, ichburma bo’lishimni kutayapti, shekilli? Tag’in menga sovg’a ham olib kelibdi. Hali ketayotganimda qo’limga pul ham tutqazib qo’yishi mumkin. Og’zimni yopish uchun vzyatka berishdan ham qaytmaydi, bu ablah!

Qornim og’risa ham to’rt faslda pishadigan mevalardan g’abar-g’ubur yeganimdan keyin u “Facebook”ka kira oldingizmi?” deb so’radi. Netolko kira oldim, daje u yerga bir narsalar yozib qo’yganimni ham aytdim.

Keyin u yana boshqa kopyuterni oldida “Qani bunda ham bir marta ochingchi?” dedi. Ochaman desam qo’limdan tutdi va tepadagi adresiga qarashimni aytdi. Qarasam, “Facebook” emas, “Youface.uz” deb yozib qo’yibdi.

“Bunisi nima balo edi?”- desam u “O’zbekistonda hozir shunaqa sayt ochilgani va “Facebook”ning kopiyasi” ekanligini aytdi.

Adashib u yerga ismingiz va parolingizni yozdingizmi tamom, keyin “Facebook”dagi sahifangiz “quda tomon”ning ham tomorqasiga aylanar ekan. Qoyil qoldim. Buni hali ham onasini emib yurgan bitta bolaning nomiga aformit qilib qo’yibdi. Es-pesim chiqib ketdi. Lekin keyin o’zimni bosib oldim. Bu yana do’stim deb yurganim shu odamning ishi bo’lmasin?

Ha, qarab tursin, bu yerdan bir ketib olay, uni shunday boplaymanki, tug’ilganiga yetti marta pushaymon bo’ladi.

Nofiziy.

2012 yil

Nomani oqqa ko’chirgan: Jahongir Mamatov.

Leave a Reply

Please log in using one of these methods to post your comment:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out /  Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out /  Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: