SAVOL: Dunyoni haqiqatdan ham fikrlar o’zgartiradi, mana sovuq urush davrini(1945-1991) olaylik ikki bipolyar tizim, mafkuraviy-siyosiy, harbiy- strategik jihatdan o’z ta’sir zonasiga aylantirishga uringani, ularning qarama-qarshiliklari nihoyasi o’laroq, (garchi hozir ham davom etayotgan bo’lsada) Padarla’nat ittifoqda(CCCR) M.S Gorbachev boshliq bir guruh haromxo’rlarning “oshkoralik” haqidagi “fikrlari” AQSh prezidenti ta’biri bilan aytganda “YOVUZLIK IMPERIYASI”ning oshkoralikning ilk nafasidanoq jahannamga ravona bo’lganligi bir misoldir. O’sha davr “hikoyalari” esa sizning kitoblaringizda…
Voqealar esa teskarisiga ketdi…
“Xo’sh biz yashayayotgan davr qanday xususiyatlarga ega? Jahonda yuz bergan, berayotgan, dunyoning jug’rofiy-siyosiy tuzilishini va xaritasini tubdan yangilagan o’zgarishlar hozirgi zamon va kelajak uchun qanday tarixiy ahamiyatga molik?”(shu haqda mulohazalaringiz) bular haqida TO’G’RI mulohaza yuritish haqiqatdan ham muhimdir. Shunday emasmi?
Men atrofimdagi voqealarga tanqidiy jihatdan yondashib, “Tanqid-kelajakning mevasi” degan iddaoni ilgari surib yashamoqdaman.
Xo’sh sizda “do’zaximizni” butunlay boshqacha, hatto “yigirmalik” , “katta eyttilik” qatoriga qo’sha oladigan muayyan kontseptsiya, strategik reja bormi?(o’rtoqlashing).
Sizga hurmat va abgor bo’lgan muqaddas ona “VATANimiz”dan SALOM ILA-Rustam.
JAVOB: Boshqalarni bilmadim, lekin men Gorbachevni haromxo’rlik uchun oshkoralik boshlatgan deb ayta olmayman.
Birinchidan, bu narsa o’sha davrning taqozosi edi. SSSR oshkoralik uchun “och qolgandi”. O’ladigan darajada. Oshkoralik uning halqumiga tiqildi.
Ikkinchidan, Gorbachevining ruhida oshkoralikka moyillik bo’lmaganda ishlar butunlay boshqa tomonga ketardi.
Uchinchidan, Gorbachev o’z fikrlariga nisbatan o’z kuchsizligining qurboni bo’ldi.
Fikrlarida sobit turib, o’z fikriga sadoqatli askardek xizmat qila olmadi.
Demoqchimanki, inson o’z fikrlari darajasida kuchli, qo’rqmas ham bo’lishi kerak.
Shundagina imkon tug’ilganda bu fikrlarni amalga oshirishi mumkin.
Aks holda fikrlar ikir-chikirlarga bo’linib ketishi yoki ichki dunyosining ko’rinmas mulkiga aylanib qolishi mumkin.
O’sha davr Boltiq Bo’yi mamlakatlari kabi bir qancha hududlarga ozodlik olib keldi.
Lekin feodalizmdan sotsializmga o’tgan aksar joylarda eski holga qaytildi.
Feodal davlatchilik ko’rinishlari bo’rtib chiqdi va bu zotan depsinish holidagi jamiyatni orqaga surdi.
Bugunga kelib dunyo mutloq boshqa yo’lga o’tdi.
Ilgari tuzumlararo kurash bo’lgan bo’lsa, endi bu mafkuralararo kurashga aylandi.
Bu o’zimizning qishloqchasiga aytganda dahanaki jang degani.
Bilasizki, dahanaki janglar doim mushtlashuvga aylanib ketadi.
Esimni tanigandan beri yozaman va bugun ham shu fikrdaman: bizning “do’zaximiz”dan qutqazadigan “pulisirot” Turonzamin hududidagi sun’iy davlatlar birlashib, katta kuchga aylanishlaridir.
Buning nomi Turkiston yoki Markaziy Osiyo bo’ladimi farqi yo’q.
Bo’lmasa, ikki yuho-Rossiya va Xitoy o’rtasida qul bo’lib qolaveradilar.
Bugun avjga chiqqan “o’zbekchilik”, “qozoqchilik”, “qirg’izchilik”, “tojikchilik”, “turkmanchilik” kabi ayirmachilik siyosati xuddi ana shu qullikni saqlab qolish uchun qilinmoqda.
Bu holatda istagan paytda bularni bir-biriga edirish mumkin.
Qachonki, dini, ma’naviyati, madaniyati va ma’daniyati(yer ostiva yer usti boyliklari) tutash bo’lgan Markaziy Osiyo davlatlari harbiy, iqtisodiy va siyosiy jihatdan bitta platformada birlashsa “katta yigirmalik” yoki “katta sakkizlik”ni kerak bo’lsa “yotqizib-turqazadigan” kuch bo’ladi.
Ana shu kontseptsiya ustida bosh qotirish kerak, Rossiya taklif qiladigan ittifoqlar haqida emas.
“Tanqid-kelajakning mevasi” degan qoidaga amal qilishingiz juda yaxshi.
Lekin tanqid otangga ham yoqmaydi degan gap hali o’z kuchida.
Jahongir Muhammad
1 fevral, 2011 yil
“Savob so’qmog’i” kitobidan
Filed under: Savob so'qmog'i | Tagged: Jahongir Mamatov |
Siz köpgina asarlaringizda M.S Gorbachovni köp tilga olgansiz uni hozir AQShda yashashini eshitgandim u bilan uchrashganmisiz shu haqda yozsangiz.
Yo’q u Amerikada yashamaydi. Davolanish va leksiyalar berish uchun kelib ketadi. U bilan shaxsan uchrashgan emasman.