Matbuot masalalari

jm_2014-05Mustaqil jurnalistikaning o’zi yo’q

SAVOL: Kimlarni mustaqil jurnalistlar deb ayta olasiz va qaysi nashrlar mustaqildir?(Komil).

JAVOB: Jurnalistika hech qachon mustaqil bo’lmagan.

Chunki insoniyatning qariyb hammasi mustaqillikdan ko’ra tobelika moyildir.

Bu uning fitratiga jo etilgan tuyg’u.

Juda oz odamlar borki, ular tobe emas, balki boshqaruvchilardir.

Lekin ular ham baribir o’z yaratuvchisiga, qandaydir mafkuraga, qandaydir kuchga bo’ysunadilar.

Biror bir dinga mansub shaxslar yoki guruhlar tomonidan boshqariladigan jurnalistika hech qachon o’sha dinga qarshi bosh ko’tarmaydi.

Biror mafkuraga oid jurnalistika hech qachon boshqa mafkurani qo’llamaydi.

Biror kuch tomonidan yaratilgan jurnalistika hech qachon boshqa kuchning quroliga aylanmaydi. Mumkin, lekin o’ladi, o’ldiriladi, yo’qotiladi.

Bugun dunyoning barcha matbuot vositalari kimlargadir xizmat qiladi-mustaqil emas.

Ular “Bizning vazifamiz haqiqatni himoya qilish, haqiqatni aytish, borni bor holicha ko’rsatish” deb aytadilar. Bu ularning maskasi.

Bu maskani ularga tepalaridagi kuchlar kiygizgan. Jurnalistlar ana shu maskaning ostida ishlashga majburlar.

Mustaqillikni da’vo qiladigan dunyo bo’ylab mashhur CNN telekanalida Rik Sanchez degan jurnalist ishlardi.

Talantli, qobiliyati zo’r edi.

Lekin kuniga ming marta o’zining mustaqil ekanligini urg’ulardi.

Bir kun nima bo’ldi-yu, CNN rahbarlarini tanqid qilib qo’ydi.

O’sha kun ishdan haydaldi. Shundan beri dom-daraksiz.

Keyingi 20 yilda xorijda yashab bunday misollarni juda ko’p va juda ko’p ko’rdim.

Xayolingizdan internet chiqishi bilan mustaqil jurnalistika paydo bo’ldiku degan gap kechib turgani aniq.

Yo’q, mustaqil bo’lgan emas.

Internet ham TV va gazetalar kabi katta puldorlarning qo’lida. Pul bermasangiz joy berishmaydi.

Sizni aldab, o’zlariga o’rgatish uchun vaqtincha joy berishadi, lekin ma’lum bir nuqtaga yetgandan keyin sizni jilovlab olishadi va o’z yo’llarida qulga aylantirishadi.

Internetda ochilgan saytlar ham mustaqil emas.

Qaysi bir guruh, oqim… yoki shaxsga oid.

O’ziga yoqmagan yoki o’ziga qarshi bo’lsa yozmaydi, chiqarmaydi.

Ba’zan o’quvchini aldash uchun o’yinlar qilinadi.

Bu endi omi o’quvchilar uchun.

Aslida esa mustaqil jurnalistika va mustaqil jurnalist yo’q.

Chunki har qanday jurnalist ham shu dunyoning, shu muhitning odami.

Bu dunyoda esa manipulyatsiya doirasiga tushmagan inson bormi?

Inson dinlar, mafkuralar, rejimlar, hukumatlar, fikrlar, pul, manfaat… tomonidan boshqariladi.

Bu million yillardir shunday bo’lgan va shunday bo’lib qoladi.

Demak, insonning o’zi asli qul ekan, qanday qilib jurnalist yoki jurnalistika mustaqil bo’lishi mumkin.

Bugun biz ba’zilarini mustaqil deymiz-bu nisbiylik nazariyasining oqibati.

Lekin hayotda juda oz sonda mustaqil shaxslar bo’ladi, ular o’z mustaqilliklarini ko’rsatgan kunlari yo jinniga chiqarishadi yoki yo’qotishadi.

Shuning uchun ham biz ularni bilmaymiz.

Mustaqillik haqidagi qolgan gaplarning hammasi afsona… yo’q, xato qildim, afsona emas, pul yoki manipulyatsiya hosilasidir.

Kimningdir yoki kimlarningdir “etagi”ni tutgan kun- mustaqil jurnalistning “o’lgan kuni”.

Bunday sharoitda o’zini o’zi “mustaqilman” deyish-sodda qilib aytganda, nonni “nanna” demoqdir.

Jahongir Muhammad
23 yanvar, 2011 yil
“Savob so’qmog’i” kitobidan

Leave a Reply

Please log in using one of these methods to post your comment:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out /  Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out /  Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out /  Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out /  Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: