3 yil oldingi taxmin va bugungi haqiqat

savollarIslom respublikasidan Putin Ittifoqiga…(?)

SAVOL: O’zbekistonda kelajakda islomiy jumhuriyat quriladimi yoki demokratik davlatmi? (Bahora).

JAVOB: O’zbekiston yaqin kelajakda islomiy jumhuriyatga aylanishi mumkinmi? Bu shunchaki savol emas, balki anchadan beri kun tartibiga tushib qolgan savoldir.

Bu savolga mumkin deb javob qilsa bo’ladi.

Hozircha bu hol odamlarni qamoqlarga tiqish yo’li bilan orqaga surilmoqda.

“Ta’sir-aks ta’sir” deydilar. Zolimlik mazkur yo’lni tobora qisqartirmoqda.

Ma’lumki, har qanday diktaturalar ag’darilgandan keyin jamiyatlarda tubdan o’zgarish qilishga intiluvchilar bo’ladi va oldingi rejimning teskarisi kabi boshqa bir tuzum barpo etishga intilinadi.

O’zbekistonda keyingi 20 yillik siyosat shunga olib keldiki, mamlakat aholisining aksar qismi islomiy jumhuriyat tarafdoriga aylandi.

Har kim bu jumhuriyatni o’z qarashlari va o’z ilmi-saviyasi darajasida tasavvur qiladi.

Lekin umumiy narsa – bunday jumhuriyat qurilsa, Xudoning adolati qaror topadi, degan tushuncha.

Demak, xalqning asosiy qismi bugun adolatga tashna. Xalq endi na prezidentga va na boshqalarga ishonadi, balki butun umidini Xudoga tikkan.

Shariat davlati yoki xalifalik qurish tarfdorlaridan tashqari hatto mutloq namoz qilmaydiganlar, kechayu kunduz yotvolib aroq ichadiganlar, ikki gapning birida yolg’on gapiradiganlar, o’g’rilik, muttahamlik, poraxo’rlik, nonko’rlik, qasosbozlik, ig’vogarlik, xudbinlik, fohishabozlik, rasvochilik, ko’zbo’yamachilik, so’zbo’yamachilik, o’zbo’yamachilik kabi illatlarni kasb qilib olganlar ham ertangi kunlarini Xudoga bog’laganlari sir bo’lmay qoldi.

Xo’sh, shunday “qulay” fursat yetgan ekan, O’zbekistonda bugun islomiy jumhuriyat barpo etishning imkoni bormi?

Bugungi vaziyatni taroziga qo’yganda, bu gap uncha tosh bosmaydi. Boshqacha aytadigan bo’lsak, bunga osonlikcha erishib bo’lmaydi. Qarshilik kategoriyasi juda kuchli.

Xo’sh, unda nima qilish kerak? Eng yaxshi yo’l demokratik tuzumni tanlashdir. Ammo bunga ham osonlikcha erishib bo’lmaydi.

Oldingisi ulamolar va mullalarning mentaliteti va qurol ziddiyati bilan bog’liq bo’lsa, keyingisi butun xalqning zehniyatiga borib qadaladi. Buning ustiga demokratik tuzumning o’z-o’zini himoya qilish qobig’i juda kuchsiz.

O’zbekistonda mo’jiza ro’y berib har tomonlama erkinliklarni taqdim etadigan demokratik bir tuzumga o’tilsa, juda qisqa vaqtda diniy oqimlar hokimiyatni qo’lga oladilar.

Bu turgan gap va nimasi yomon, deydiganlar anchagina.

Unutmaylikki bu fuqarolar urushi yoki tashqi tomonning agressiyasi sari yetaklashi mumkin. Nega?

Birinchidan, O’zbekiston monomillatli davlat emasligi uchun uning bag’rida fuqarolar urushini keltirib chiqaradigan vulqon uxlab yotibdi.

Ikkinchidan, O’zbekiston geopolitik muhim nuqtada bo’lgani sabab atrofida uni islomiy kuchlarga shunchaki berib qo’ymaslikni istagan katta yuholar bor.

Ammo taxminlar shundayki, u holda ham, bu holda ham O’zbekiston bir marta bo’lsada islomiy jumhuriyat “ta’mi”ni tatib ko’radi.

Lekin ana shu jumhuriyat qanday bo’ladi va bu O’zbekistonga hamda uning xalqiga nima beradi, buni ochiq aytish mushkul. Chunki bunday masalada bashorat qilaman, degan odamga nisbatan shubha tug’ilishi aniq.

Unday bo’lsa, bu taxminlaru mulohazalarni nega yozdim?

Gap shundaki, O’zbekistonda demokratik davlat tuzamiz deganlar ham, islomiy jumhuriyat qurish ishqidagilar ham bu haqda chuqurroq o’ylab ko’rishlari shart.

Karimov rejimining xarobalari ustida yangi davlat barpo etish uchun oyog’ingiz iqtisodiy, siyosiy, ma’naviy asoslar va zamonaviy boshqaruvchilardan iborat bo’lgan zamindami?

Avvalo shu savolga javob berib ko’ringchi?

Aks taqdirda tarix taqozosi bilan sun’iy ravishda dunyoga kelib qolgan O’zbekiston degan respublikaning nomi tabiiy ravishda xaritadan o’chib ketishi yoki eng olovli nuqtaga aylanib qolishi ham hech gap emas.

Bugungi rejim uchun bu “Dunyoni suv bossa, itimning to’pig’iga g’am” degan darajada. Lekin sizga bunday bo’lmasa kerak?!

Endi asosiy gap׃ Biz SSSR degan ajdarho yiqilgandan beri taxmin qilib kelgan gaplar bugunga kelib amalga osha boshladi.

Ya’ni SSSR oldingi ko’rinishda ruslarni qoniqtirmay qo’ygandi. Hamma narsa markazga tashib ketilardi va keyin u yerdan hamma joyga tarqatilardi. Rossiyaning qo’lida ko’p narsa qolmasdi.

Bugunga kelib SSSR o’rnidagi go’yo mustaqil bo’lgan davlatlardan eskisi kabi hamma narsa “modern iqtisod” yo’li bilan tashib ketilmoqda va dunyo bozoridan tushgan foyda Rossiyaning halqumini to’ldirmoqda. Juda kichik sohalarda mustaqil harakat qilish bordir, lekin umumiy yo’nalishda yo’q.

Hozir Rosiyaning oldingi (bundan keyingisi ham o’zi bo’ladi) 10 yillikdagi podshosi Putin oxirgi nuqtani qo’yajagini e’lon qildi.

1990 yillarda ovozga qo’yilgan Ittifoq shartnomasi o’shanda xalq tomonidan yetarli ovoz oldi deyilgani bilan barcha jumhuriyatlarda Moskvaga qarshilik juda kuchli edi. Hatto fuqarolar urushlari boshlanib ketgandi. Shunday paytda Ittifoq shartnomasi 20 yil orqaga tashlandi va bugun uni Putin harakatga qo’ymoqchi.

Demak, “O’zbekistonda kelajakda islomiy jumhuriyat quriladimi yoki demokratik davlatmi?” degan savolning o’zi ham savol ostiga tushmoqda.

Shuning uchun ham bugun o’zbek jamiyatining fidoyilari birlashib eng avvalo shu haqda bosh qotirishlari kerak emasmi?

Jahongir Muhammad
1 dekabr, 2011 yil
“Savob so’qmog’i” kitobidan

About these ads Occasionally, some of

Leave a Reply

Please log in using one of these methods to post your comment:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out /  Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out /  Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: