Oltinchi qavat (Qissa)

salon_samoletaPrezident  tansoqchisining kundaligi

10. Sadoqat

Kechqurun Gulya telefon qildi. Ertaga muhim ishi chiqib qolganini va uchrashuvni keyingi haftaga surishni so’radi. Nimadandir juda xursand. Tovushi jarangdor. Xayol qilsa telefonning ichiga kirib yonimga yetib kelsa va qulog’imga bir nimalar pichirlasa. Men ham ayni holdaman. Lekin yetib borganim bilan unga bo’lgan voqealar haqida pichirlay olmayman. Quvonchim va tashvishlarimni ko’ksimga ko’mishga majburman. Uning ertaga bo’ladigan uchrashuvni qoldirgani tashvishimni yengillatdi. Chunki hali biror bahona topib ulgurmagan edim.

Kechasi bilan kodlarni yodladim.

“Kona kaanlam-yakun!” degani “bo’lgan, ammo bo’lmaganday”, ”Konalohhu lam-yakun maahu shah!” degani esa “Olloh boru ammo yo’qday” ma’noga ega ekan. Hammaning kod otlari bor.

Prezident – Behamto(yagona).

Xotini – “Mohu sol” (ham oy, ham yil).

Katta qizi – “Mohi shabgard”(tunda kezuvchi oy).

Ikkinchi qizi – “Mohi no’shlab” – (shirinso’z go’zal.

Katta nevarasi- “Do’non” (to’rt yashar ot).

Kichik nevarasi- “Ko’garchin”(kaptar).

Bir biridan qiyin kodlarni yodlayman deb uxlab qolibman. Adam uyg’otdi. “Mashina keldi, ketamiz,” dedi. Lekin har kuni ikki soat mashqim bor. Bu taychining qonuni. “Bir kunga buzsang bir umrga pushaymon bo’lasan” derdi usta.

-Samolyotda joy bor, “Batya” kelguncha mashqni bitirib olasan!

-“Batya” mi yoki “Behamto”mi?

-Hey, hey… kodlarni tilingga olma! Faqat favqulodda holatlarda ishlatiladi . Miyangga qulflab qo’y!

Oyim ham biz bilan yo’lga otlandi. Ajablanganimni ko’rgan adam׃

-“Batya” bizning ham borishimizni istayapti. Bolelshik” ham kerak ligini aytdi,-dedi.

Samolyot qasr ekan. Ichiga kirishingiz bilan o’zingizni jannatda his qilasiz. Gilamlar shunchalik go’zalki, ta’riflab bo’lmaydi. Xuddi Prezidentning oltinchi qavatdagi ishxonasining nusxasini yasab qo’ygandek. Har bir eshik oldida ikkitadan yigit turibdi. Ular menga masxaraomo’z qarab, ko’rinmas tarzda ustimdan kulgandek ko’rindilar. Chunki gavdam ularnikidan ancha kichik. Ammo ko’rsatilayotgan hurmat ancha katta. Orqadagi eshikni ochishdi. Sport zali. Bir chetda tennis stoli ham turibdi. Tavba, samolyotda ham tennis o’ynasa bo’larkanda?

Samolyotning bir devoriga Prezident va oilasining surati chizilgan. Ikkinchi tomonda bog’-rog’lar… Oyoq ostidagi gilamda esa bir necha kishining suvrati. Taniy olmadim. Shu yerda mashq qildim. Mashqim tugashi bilan adam Prezident kelganini va meni so’rayotganini aytdi. O’rta zaldan o’tib oldingi xonaga kirdik. Prezident bir o’zi o’tirgan ekan. Yoniga chaqirdi. Ko’p o’tmay komandir kelib unga “chest berdi” va uchishga izn so’radi.

-Shoshmasdan boraver, qozoq azgina kutsin!-dedi Prezident. Keyin menga qarab gapira boshladi.

-Bir kuni Ostankino minorasidagi restoranda o’tirgandik. Vladimir Vladimirovich “Davay, tansoqchilarning sadoqatini sinab ko’ramiz,” dedi. Avvval qozoqnikini chaqirdik. “Prezidentingga sodiq bo’lsang o’zingni shu minoradan tashlaysan,” dedik. Qiztalaq, ko’zini chirt yummay iste’fosini bervordi. Keyin urus ham shunday qildi. Qirg’iz bilan tojik ham ulardan o’rnak oldi. Navbat biznikiga kelganda hech narsa demay o’zini tashavordi. Hamma hangu mang bo’ldi. Pastda uni ushlab oladigan joy qib qo’yishgan ekan. Ushlab obkelishdi. “Nega hech kim tashlamadi-yu sen esa g’ing demay o’zingni otvording?” deb so’rashdi. Bizniki “Samolyotda ota-onam bor,” deb javob qildi. Aqlli bola edi. Ammo qovun tushirdi. Gapning to’g’risini aytib qo’ya qoldi. Shunaqa… Bizda sadoqat ota-ona bilan bog’liq. Mana sanga har qancha yaxshilik qilsam ham baribir ota-onangga ko’rsatgan sadoqatingni menga ko’rsatmaysan! Bu norma! Shuning uchun ham adang va oyingni ham oldim. Ularga sadoqatingni ko’rsatsang, o’sha manga ham yetadi. Lekin Xudo ko’rsatmasin sani urib tashlasa, bu degani ana ularni ham urib tashlagani…

Prezident shunday deb barmog’i bilan orqani ko’rsatdi. Chiqsam oyimning ko’zida yosh׃

-Bolam shu kunlarga yetganingni ham ko’rdim…,- dedilar. Lekin ovozlari hazin va soxta edi. Adam esa xavotirda. Birozdan keyin Prezident yana yoniga chaqirib qoldi׃

-“Otarchi”ning bolasini yaxshilab o’rgan. U ham sani o’rganishga harakat qiladi. Uni chalg’it. Nima qilishingni bilolmasin. Uni o’z hunari bilan tugat. Dushmanga qarashi o’z taktikasini qo’llasang buni kutmagan bo’ladi. Mag’lub qilasan. Bu aslida katta siyosat. Sen tushunib bo’lmaydigan mavjudot bo’lishing kerak. Hech kim kallangdagini o’qiy olmasin. Hech kim qaysi oyog’ing va qaysi qo’lingni qayoqqa, qachon tashlashingni taxmin qilolmasin. Har qadaming, har harakating chalg’ituvchi bo’lsin…

U Ostona aeroportiga qo’ngunimizgacha maslahatlar berib bordi. Kayfiyati yaxshi edi. Ammo pastga qaradi-da, jahli chiqdi׃

-Qozoq! Yana o’zi chiqmabdi,-dedi.- “Otarchini” kutishga chiqibdimi?

Uning savoliga javob beradigan odam yo’q edi. U orqaga qaradi. Eshik yonida turgan keksaroq odam egilib uning oldiga keldi. Prezident unga baqirdi׃

-Eshitmadingmi, nima dedim?

-Vladimir Vladimirovich bilan band bo’lsa kerak. “Otarchi”ga chiqmaydi. Hali ko’rasiz yetti bukilib sizdan uzr so’raydi,-dedi u pinagini ham buzmay.

-Bo’pti, kechroq tushamiz. Biroz qaqqayib turishsin!-dedi Prezident. Keyin menga yuzlanib׃

-Ko’rdingmi o’g’lim, bir marta yutqazsang kutib olishga itni chiqaradi, ikki marta yutqazsang bitni. Bu safar Xudo xohlasa, hammasini uramiz, sanga ishondim. Ishonchimni o’ldirsang meni o’ldirganing bo’ladi,-dedi.

U shunday deb qo’lini yuzimga surayotgandi samolyot birdan oldinga qarab qalqib ketdi.

Jahongir Muhammad

(Davomi bor).

Leave a Reply

Please log in using one of these methods to post your comment:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out /  Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out /  Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: