Prezident tansoqchisining kundaligi
9.Apachi
Bo’lgan voqeadan shok holga tushgandim. Qo’rqqanim yo’q, ammo hayron edim. Hayronligim voqedan ham ko’proq adam haqida. Nahotki u shunday katta ishlarning ichida.
-Tush mashinadan,-dedi adam va kalitni bizni kuzatib kelganlarga berdi.
-Piyoda ketamiz.
-Ada, boya qaysi tilda gapirdingiz?
-Navoiyning tilida. ”Hayratul Abror” degan kitobidan olganmiz bu kodlarni. Mana kodlar, mana bu erda yozilgan hammasi, ertalabgacha yodlab ol, kitobchani qaytib berasan.
-Bunchani yodlashga ulguramanmi?
-Boya portlab ketgan mashinaning ichidagi laqma kabi jazolanmaslik uchun yodlashing kerak.
-U mashinadagi kim edi?
-Bu mashq. Gaz balonidan portlab ketdi deb qo’yishadi. Lekin bilib ol, hayotda ham ro’y beradi. O’shanda qovun tushirsang san ham mashqlarda qurbon bo’lishing hech narsa emas. Lekin sanga ishonaman, pishiqsan!
-Mashinaning gapirishi ham mashq edimi?
-Yo’q, mashinaga rostdan ham gapiradigan sistema o’rnatilgan. Qanday savollar va gaplarni gapira olishi ham shu kitobchada bor. Yaponlar bir vaqtlar Rossiya prezidenti Eltsin uchun lazer qo’rima tayyorlashgan. Ammo ruslar qimmat deb olishmagan. O’shani biz sotib olganmiz. Shu kitobchaning oxirida qaysi tugmalarni bossang qanday ishlashi ham yozilgan. Bu hayot. Balki bir umr bir marta ham ishlatmasliging mumkin yoki bugungi kabi birinchi kuniyoq ishlatishingga to’g’ri keladi. Hayot nima? Kurashdan iborat. Agar kurashni sen boshqarsang doim g’olibsan. Tashabbusni qo’ldan berdingmi, o’sha kun maydondan surib chiqarishadi. Blagin haqida, batyaning “blaginizm” degan so’zni yaxshi ko’rishi haqida gapirgandim.
-Ha, qoidabuzarlik qilmaslik kerak…
-Aslida o’sha Blaginga uchishdan oldin qoidabuzarlik qilishni buyurishgan. U rozi bo’lmagan. Kinoga olib Stalinga ko’rsatamiz, u osmondagi “figurali uchish”ni yaxshi ko’radi” deyishganidan keyin rozi bo’lgan. Ammo qazoga uchrab o’lib ketgan va nomi qoralangan. Demochimanki, o’lim hukmi kelsa ham “batya”ning o’zidan eshitmaguncha ishonma. Hatto men ham “batya” qo’ygan qoidaga qarshi bir ish qil, desam bajarma!
Adamni birinchi marta shunday yurakdan samimiy gapirayotganini ko’rdim.
-Sani hali bu ishga tavsiya etmagandim. Ammo keyinchalik planim bor edi. Ishlar tezlashib ketdi. O’zingni ehtiyot qil! Agar “batya”ni ehtiyot qilsang, bu o’zingni ehtiyot qilganing bo’ladi.
-Ostonaga borganda “Otarchi”ning tansoqchisi bilan maydonga tushasan. U chiniqqan bola. Laqabi “Tag”. Chunki “Taggi”ni biladi. Bilganda ham yaxshi biladi. Bir aylanishda raqibini bo’g’ib qo’yadi.
-“Taggi”dan xabarim bor. Tayvanda taychidan oldin “taggi”ni o’rgatishgan.
…“Taggi” aslida o’g’rilar, talonchilarning hunari. Bir paytlar Hindistonda karvonlarni talaydigan, mehmonlarni bo’g’ib ketadiganlarni “Tag” deyishgan. Guruhning ham, usulning ham nomi “Taggi” bo’lgan. Yillar o’taverishi bilan ularning odamni bo’g’ib o’ldirishlari sportga ham kirib kelgan. Yo’lini topib raqibning bo’ynidan bo’g’ib turishadi. U havosizlikdan o’ladi. Bo’yin ostida qo’l izlari qolmaydi. Chunki bo’g’ganda barmoqlarni ishlatishmaydi. Taychini bilganlar buni ko’p qo’llamaydilar. Buning uchun qo’l, bo’y uzun bo’lishi kerak. Raqibga orqadan hamla qilish shart. Bu holat taychida oyoqni orqaga ko’tarib urish uchun yo’l ochadi, taychini bilganga qulay fursat bo’ladi. Demak, raqimibning bo’yi va qo’llari uzun, o’zi ham kuchli. Ammo taychining oltinchi qavatiga chiqmagan. Agar chiqqanda “Taggi”ni ishlatmasdi.
-U ikkita yigitimizni o’ldirdi, “batya” juda xafa bo’lgandi. O’shanda bir necha kun jahldan tushmagan. Qancha odamlarni vazifadan olib tashlagan. Qahraton qish bo’lishiga qaramay Dushanbega boradigan gazni kezib tashlagan. Chegaralarni yopib qo’ydirgan. Adashib o’tganlarni otib tashlashni buyurgan. Uchqichlar qatnovi kamaytirilgan. Poezdlar to’xtatib qo’yilgan. Manа endi yana kurash vaqti yaqinlashgan sayin hech kimdan ko’ngli to’lmayotgan, asabiylashayotgan edi. Sani yoqtirib qoldi. Uch kun hech ish qilmay sani o’rgandi. Ichki Ishlar vazirligi, MXX, o’zimizning “SP” ham sani o’rganishga safarbar qilindi. Oxirida butun umidini sanga bog’ladi. Imomali Rahmonni o’zi taxtga keltirgan. U avvaliga “batya”ni otam deb yurib, keyin salomini ham nasiya qildi. Tansoqchisi biznikini urib tashlagandan keyin butunlay to’nini teskari kiydi. Bilasanmi, “batya”ga oson emas. O’zi topib, o’zi ishga qo’ygan odam oltita prezidentning oldida uning ustidan kulib o’tirsa…
-Qolganlarning tansoqchilari ham jangga kirdimi?
-Ha, ularni ham urib tashladi. Lekin boshqalar bir-birini masxara qilgan emas. Imomali ochiqdan ochiq “batya”ning ustidan kuladigan, uni masxara qiladigan bo’ldi.
-Uning bolasini urib tashashimga ishonasizmi?
-“Uning bolasi” emas, u dushman!
Dushman?
Usta Vungning gapi yodimga tushdi: “Qizil tanlilarning bir qabilasidagi lideri o’zini “Dina” (“Odam”) deb nomlabdi. Buni eshitib, unga raqib bo’lgan qo’shni qabilaning boshlig’i o’zini “Apachi” (“Dushman”) deb atabdi. Uning g’alabalari shunchalik ko’p bo’libdiki, min-minglab odamlar o’zlarini “Apachi” deydigan bo’libdilar. Biz do’stga do’st, dushmanga dushman!”
Ko’ramiz, kim “Apachi”?!
Jahongir Muhammad
(Davomi bor)
Filed under: Oltinchi qavat | Tagged: Jahongir Mamatov, тансоқчи, prezident tansoqchisi, soqchi |
Assalomu alaykum, Jahongir aka. Kundalikni juda katta qiziqish bilan mutoala qilyapman. Meni yana bir narsa qiziqtiradi: bu chindan ham sodir bo’lganmi yoki badiiy to’qima? Javobingizga mushtoqman. Rahmat!