Prezident tansoqchisining kundaligi
8.Blaginizm
Adam qabulxonada kutib o’tirgan ekan. Hech narsa demadi. Oyim “Agar adangni xursand yoki xafaligini yuziga qarab topa oladigan odam chiqsa, Nobel mukofotini oladi” deganda ming karra haq.
Liftga chiqqanimizdan keyingina u “Men ham go’rkovman,” dedi. “Hamma ma’nosi bilan,” deb qo’shib qo’ydi va yana jimlikka sho’ng’idi.
Go’rkov?! O’lgan odamlar uchun go’r kovlaydigan odam, lekin har kuni bitta, ba’zan bir nechta odamni ko’mish oson ish emas. Bu katta mehnat. Kuch bilan birga temir asab ham istaydi.
U deyarli qabristonda yashaydi. Faqat bitta qo’rquvi bor deyishadi, u ham bo’lsa lahad qazganda tuproq bosib qolishi.
Lekin sirlarni ko’mib yuboradigan, gunohlarni “lahad”ga qo’yadigan “go’rkov”larchi? Ular nimadan qo’rqadilar? Ana shu “lahad”ning usti ochilishidan.
Qiziq. Bittasi yopilib qolishidan, bittasi ochilib ketishidan qo’rqadi. Unda nega har ikkalasini ham “go’rkov” deyishadi?
-Bu mashinani nemislar shaxsan “batya” uchun yasagan,-dedi adam xayolimni bo’lib. -“Jelezabeton”!
Mashina sip-siyoh. Yaltirab turibdi. Birdan “shiq” etib eshiklari ochildi.
-Cho’nchagingdagi kalitni “o’qiydi”,-dedi adam.-Eshikni ochsang motori ishlab ketadi.
Adam haydovchi tomondagi eshikni ko’rsatdi.
-Pravam uyda qolgan…,-dedim.
-Bu mashinani haydash uchun pravani keragi yo’q. Uni to’xtatish mumkin emas. Hamma biladi, bu prezidentning shaxsiy mashinasi.
Prezidentni shaxsiy mashinasi? Nega uni menga hadya qildi? O’ziga boshqasini oldimikan? Nima bo’lganda ham hali yap-yangi. Hammaning ko’zini qamashtiradigan, og’zini qapashtiradigan bo’ldim…
-“Batya” bir joyga borsa baribir sen bilan boradi, chunki o’zi mashina haydamaydi. Endi sen uning nafaqat tansoqchisi, balki maxsus shoferi hamsan.
Adamning gapi qo’log’imga kirmadi. Mashinaning o’zidan o’zi ishlab ketishi butun vujudimni “zavadit” qilgandek edi. Ichiga qarab esa hangu mang bo’lib qoldim. Xuddi mitti saroyga o’xshaydi. Bosh qo’yadigan vassodasini aytmaysizmi? Yumshoq, bolishdek.
“Janob prezident, mashinangizga xush kelibsiz!” degan robotmonand ovoz eshitildi.
“Rahmat!” deb javob qildi adam.
“Ichki temperatura 36. Ichkiliklar darajasi esa 21. Shunday qolsinmi?”
“Bas qil!” dedi adam.
“Bas!” O’chdim” .
Ammo joyimga o’tirishim bilan yana ovoz keldi׃
“Tashqaridan xuruj bor. Suhbatni yozib olishmoqda. Ehtiyot bo’ling!”
“O’zimiznikilarmi?”
“Yo’q, tashqaridan”.
“Satellitdanmi?”
“Nima dedingiz?”
“Orbitadanmi?”
“Yo’q. Shu yaqindan”.
“Kim bo’lishi mumkin?”
“Orqadagi mashinadan” .
-Ha, ular ham o’zimizniki! Buni qaytarib olib kelishadi,-dedi adam “bardachok”ka qo’l urib. -Keyin menga yuzlandi׃
-Esingdan chiqarma, batya blaginizmni yomon ko’radi.
“Blaginizm”. Adam bu so’zni ko’p takrorlaydi.
-Ada, ha deb “blaginizm” deysiz, o’zi nima degani bu? O’zbekcha yoki ruscha qilib tushuntirib bering,-dedim tutoqib.
Adam “o’zingni bos” degan qarash qilib, gapira ketdi:
-Ikkinchi jahon urushidan ancha oldin “Maksim Gorkiy” degan samolyot ixtiro qilishgan. Dunyodagi eng katta samolyot. Ichida kinoteatr, kutubxonadan tortib, tenis o’ynaydigan joygacha bor ekan. Uni sinab ko’radigan kuni yonida harbiy uchqich ham unga yo’ldoshlik qilibdi. Harbiy uchqichni Blagin degan odam boshqargan ekan. U o’zicha samolyotning oyog’ini osmondan qilib uchiribdi. Ammo birdan “Maksim Gorkiy”ning qanotini kesib ketibdi. Ikki samolyot ham qulab tushib, param parcha bo’libdi. Shundan keyin qoidani buzish, intizomga rioya qilmaslikni “blaginizm” deydigan bo’lishibdi”. Agar qoidani buzsang batyadan ko’p eshitasan bu so’zni.
-Hali menga hech kim qoida o’rnatmadiku,-dedim ajablanib.
-Senga hech kim qoida o’rnatmaydi. Batyaning og’zidan chiqqani – qoida, buyurgani – qonun. U nima desa o’shani bajarasan! Ikkilandingmi, blaginizm bo’ladi. Ertalab bu mashina yana uy oldiga keltiriladi. Batyaning buyrug’i shunday. Oqsaroyga haydab borasan. Biz esa oying bilan Oqsaroy yonidagi uyga ko’chib boramiz. Bu ham buyruq.
Shu payt yana mashina “gapirib qoldi”׃
“Suhbatni eshitayotganlar faqat orqadagi mashinadan emas! Undan orqadagi mashinadan ham eshitishmoqda”.
Adam qo’lini og’ziga qo’yib, “gapirma” belgisni ko’rsatdi. Keyin mashinani orqaga bur” deb ishora qildi. Orqaga burgandim, u “Konalohhu lam-yakun maahu shah!” dedida bitta nuqtani bosdi. Mashina javob qildi׃ ”Kona kaanlam-yakun!”
Bizni kuzatgan “Lacetti” eriyotgan kabi yona boshladi. Keyin portlab ketdi…
Jahongir Muhammad.
(Davomi bor).
Filed under: Kundalik | Tagged: Ўзбек, Олтинчи қават, тансоқчи |
Leave a Reply