Prezident tansoqchisining kundaligi
11.Xalta
Qo’rquv insonning qonida bor deyishadi. Kimdir halokatdan qo’rqsa, kimdir falokatdan.
Prezident samolyotning to’satdan qalqib ketishidan qo’rqdi. Buni bir qarashda sezishingiz mumkin edi. Rangi oqarib, qo’llari titrab qoldi. U biror narsani tutaman deb joy topolmayotgan ko’r odamga o’xshardi. Bu qancha davom etdi, bilmayman. Balki bir soniya, balki ko’proq. Lekin tezda eski holiga qaytdi va hech narsa bo’lmagandek joyiga yastanib oldi. Nafasini rostladida:
-Nima gap?-deb baqirdi. Ovozi shunchalar kuchli ediki, quloqlarim qang’illab ketdi. Uning boyagi qo’rquv holati menga ko’chdi. O’zim bilmagan holda titrayotgandim. Nima bo’lganini qayoqdan bilaman? Nega menga baqiradi? Xayriyatki, ichkaridan komandir yugurib chiqdi va:
-O’rtoq Prezident, kechirasiz, samolyotga qo’yiladigan zinaning motori to’xtamagan ko’rinadi, shiddat bilan kelib urildi…,-dedi.
-Ablah, shunga ham aqling yetmadimi, buni ataylab qilishgan… Ko’rmayapsanmi, qozoqning o’zi yo’q, o’rniga ana u uyg’ur chiqqan.
-Toshkentga borishganda biz ham…
-Sanlarda faqat gap bor… Qo’llaringdan (…) ham kelmaydi!
Orqadan bir chiroyli qiz suv olib keldi. U Prezidentning so’kinishga parvo qilmadi. Prezident ham hech narasa bo’lmagandek suvdan quliga oldida yuzini ho’lladi. Keyin o’rnidan turdi. Haligi qiz uning kostyumini kiygazib, bo’yinbog’ini to’g’irladi. Prezident qizning orqasiga bitta shapatiladida jilmaya boshladi. Menga qarab ham jilmaydi. Tushunmadim. Shu kuyi dadil odimlar bilan chiqish eshigi tomonga qarab yurdi. U o’zini o’zi boshqarishga usta ekan. Taychida ham hatto ixtiyoring qo’lingdan olib qo’yilganda o’zingni o’zing boshqarishing kerak.
Bizni to’g’ri majlis bo’ladigan joyga olib borishdi. Hamma bir kun oldin kelib bo’lgan ekan.
-Siz ham Boris Nikolayevichga o’xshab samolyotda uxlab qoladigan bo’ldingizmi? Turtmasak uyg’onmaysiz!,-dedi bir kishi. Hamma kulib yubordi. Askiya boshlandi.
-Pastga qarasam hamma bir xil, qaysi biri Nursultan Abishich ekan deb hayron bo’lib kutib qoldim,-dedi “batya”.
-Shuni bilganimiz uchun ham orqadan turtib o’zimizni tanitib qo’ydik…
Prezidentlar xuddi bolalardek qiyqirib kula boshlashdi. “Batya” qizarib ketdi. Nimadir demoqchi bo’ldi. Lekin “Abishich” to’xtashni bilmasdi:
-Biznikilarning hammasi o’zimizdan, shuning uchun bir xil, sizniki kabi termagul emas!
Tag’in kulgi bo’ldi.
-Iltimos qilsalar o’zlariga o’xshaganlardan bir-ikkita tashlar edik,-dedi qoraqosh kishi.
-Hamma gapirsa ham sen jim tur, Imomchik, o’zingni u tomonga men tashalaganu endi sen bu yoqqa tashlaydigan bo’ldingmi?-dedi “batya”.
-Tashla tashlashni majlisdan keyin ko’ramiz!-dedi u.-Tag’in tashlab qochmang!
-Majlisga kirmasak shu yerda ham tashlab yuborasizlar!-deb Putin oldinga qarab yurdi. Qolganlar unga ergashdilar.
Putin haqida ko’p qiziqqandim. Negadir uni birinchi ko’rishim bo’lsada hayajon bosmadi. Uning kurash uslubi o’ziga xos. Hech bir raqibi uni yengish uchun maydonga tushmaydi. U yengilishni istagan odamni yengishga urinadi. Biz ham Tayvanda ustaga yengilishni istardik. Chunki undan qo’rqardik. U asta-sekin bizdan ana shu qo’rquvni silib olgandi.
Prezidentlar kula-kula ichkariga kirishdi. Biz eshik yonida qoldik. Fotomuxbirlar kirib chiqishqandan keyin bir kishi kelib bittadan tansoqchi borib orqada o’tirsin dedi.
“Otarchi”ning tansoqchisini shu yerda ko’rdim. U tinmay menga qarardi va masxara qilgandek tirjayardi. Uning gavdasi menikiga qariyb ikkita keladi. Qo’llari ham oyoqqa o’xshaydi Bo’yni ho’kizniki kabi semirib, elkasi bilan boshining orasida joy qolmagan. U ko’proq og’ir tosh ko’taruvchini eslatadi. Balki boks ham tushar, karateni ham bilar, ammo taychidan xabari yo’qligi aniq.
Taychining boshqa Uzoq Sharq o’yinlaridan farqi ko’p. Kurashga kirishdan oldin boshingdan ko’rinmas ip bilan ko’kka bog’lanasan. Oyoqlaring yerga osilgan. Butun vujuding xalta. Osib qo’yilgan xalta. Ana shuni his qolgan holatda o’zingni boshqarishing kerak. Bir zumda xaltadan odamga, odamdan Taychi kurashchisiga aylanishing lozim.
“Dunyoda millionlab odamlar turli kurashlarni o’rganadilar. Lekin milliontadan bittasigina Taychini o’rgana oladi” derdi usta Vun.
Taychi insonning ko’zga ko’rinmas quvvatini ishlatadigan iqtidor. Eng ko’p energiya chaqaloqda bo’larkan. Insondagi bu quvvatning gavdaga, muskullarga aloqasi yo’q. Uni ishga solish uchun kallada boshqaruv irodasi bunyod etilishi kerak. Shuning uchun ham chaqaloq bu quvvatni ishga sololmaydi.
Taychining ikkinchi qoidasi shuki, dushmanning quvvatini ham o’ziga qarshi ishlatish darkor. Uning harakatlarini o’rganib, quvvati keladigan yo’nalishga kirib olib, kuchni o’ziga qaytarish tufayli zarbani ikki karra ko’paytirish mumkin.
“Otarchining” tansoqchisi xalta. Unda bu xaltani kurashchiga aylantirish qobiliyati yo’q. Qobiliyati bo’lganda bunchalik bepisand qarab, tirjayib, masxara qilmagan bo’lardi.
Har qanday yengilmas odamni yengadigan boshqay engilmas odam bo’ladi. Har qanday kuchdan ustunroq kuch bor. Taychining bu falsafasini bilgan kishi raqibini masxara qilmaydi. Hatto uning qanaqa “yong’oq”ligini chaqib ko’rgan bo’lsamda hislarimni yashirishim kerak. Shuning uchun unga qaramay qo’ydim.
Putinning orqasida o’tirgan tansoqchi diqqatimni tortdi. Keksaroq, ammo hamma narsani biladigan. Juda bosiq, birovga parvo qilmaydigan, o’ziga ishonadigan odam. U kurashchidan ham ko’proq ustaga, trenerga o’xshardi. Qarab turganimni sezdi va “diqqating prezidentingda bo’lsin” degandek qoshini qimirlatib qo’ydi.
Jahongir Muhammad.
(Davomi bor).
Filed under: Oltinchi qavat | Tagged: prezident tansoqchisi, soqchi, tansoqchi |
Juda qiziqarli chiqibti. Bir zumda bir piyola choyni yutib yuborib, yana chanqagan odamga uxshab, davomini kutib qolaman.
Assalomu alaykum hurmatli Jahongir Mamatov nega ”Oltinchi qavat” qissasi to’xtab qoldi yoki voqealar yakuniga yetdimi ??? Agar davomi bo’lsa iltimos yozsangiz