Prezident tansoqchisining kundaligi
12. Bokschi va chumoli
Majlis oldidan hamma narsani hozirlab qo’yishgan ekan. Putin׃
-Qo’l qo’yamizmi?-dedi.
“Ketdik!”, deb qo’l qo’ya boshlashdi. Yordamchilar bir zumda imzolangan hujjatlarni ko’tarib chiqib ketishdi.
-Tilivizunga kim nimani gapiradi?-deb so’radi Putin.
-Boshida kelishganimizdek, kimning “xo’rozi” yutsa o’sha gapiradi,-dedi “Abishich”. – Ammo “Tilivizun” degani “tili uzun” deganidir. Buni ham unutmaylik!
-Men Samarqand va Buxorini haligacha ololmaganim haqida gapiraman,-dedi qoraqosh “Otarchi”.
-Samarqand va Buxoroni beraman, degan kim?-jahl qildi ”Batya”.
-O’tgan safar yutib olgandimku lekin so’zingizda turmadingiz.
-Unaqa bo’lsa san ham Leninobodni yutqazding-ku? Nega bermading?
-Birinchidan, sizga yutqazmadim. Ikkinchidan, Leninobod emas, So’g’d. Uchinchidan, qirg’izlarga o’zbeklarning nima keragi bor? Ularga “analgin” uchun O’sh ham yetib ortadi.
-Bazarit qilmaylik, – deya so’zga aralashdi Putin.-Bunaqada ishlarimiz bardak bo’ladi. Bu gaplar ellik gramm “o’ra”ga tushgandan keyin og’izdan chiqadigan gaplar. Oldin ham kelishganmiz, shartlarimizni mana shu yerda oldindan “bezbalda” aytamiz, bizga “barzometr” yoki “ganchar”ning keragi yo’q, hammamiz seryozniy odamlar. Yutqazdingmi, bajar!. Bo’lmasa, “shara”miz shara-baraga aylanib qoladi.
Putinning jargonini tushunish qiyin ekan. “Batya” esa unga nimadir demoqchi bo’ldi. Putin unga qarab davom qildi׃
-Mana, “Abg’aniech” Turkmanistonga chegaradosh yerni yutqazgandi, “mazolit” qilmasdan, g’ing demasdan berdi. ”Abishich” bizga yutqazganlarini indamay topshirdi. Mayli, o’tganga salovat. “Samarqand-Buxoro” deb neseryozniy gaplar qilmaylik. “Bozor”ga realistik narsalarni tikaylik. Bugun maniki yutsa, O’zbekiston bir oy Moskvani bepul meva bilan ta’minlaydi. Qozog’iston yutqazsa, Baykonurning yana bir qismini ijaraga beradi. Turkmanistondan ikki fuqarolik istayman. Tojikiston esa 201-bazani yana olti oyga boqadi. Mana, hammasi realistik. Qani sizlardan eshitaylik.
Putin “bartender”ga yozayapsanmi, degandek qo’ydi.
Prezidentlar jiddiylashib o’z shartlarini ayta boshlashdi. Qirg’iziston rahbari So’x anklaviga sheriklik istadi. “Abishich” esa o’zbek mardikorlarini olib ketishni so’radi.
Keyin so’zni “Batya” oldi.
-Agar yutsam Rahmon O’zbekiston Islomiy harakatini chiqarib yuboradi, Qozog’iston yana bir yilga g’alla beradi, Qirg’iziston O’shni tozalaydi, Turkmaniston Turkiya va Eron bilan qilayotgan gaz o’yiniga bizni ham qo’shadi…
-O’zbekiston Mahmudni qaytarsa, biz ham “ana u”larni chiqaramiz,-dedi “Otarchi”.
-Mahmud Xudoyberdiev bizda bo’lsaki qaytarsak,-dedi “Batya”
-Uning Amir Temur g’oridagi bazasi ham sizda emasmi?
-Hey, hali shpionlik ham qilayaman degin!-“Batya” qo’lini peshlab o’rnidan turgandi, Putin “Spokoyno!” deb qo’li bilan o’tiring ishorasini qildi.
Davlat rahbarlari yosh bolaga o’xsharkan. Sal narsaga jahli chiqib, sal narsaga pusib qolarkan. Lekin kop-kotta masalalarni mana shunday oson hal qilishlariga besh kettim. Yutdingmi ol, yutqazdingmi ber!
-Bo’pti, qishga bepul gaz berasiz!-dedi “Otarchi”.
Shu payt qaerdandir telefonning “ming’illagan” ovozi keldi.
Putinning jahli chiqdi. “Bezobrazie” deb baqirdi. Boshqalarning ham asablari buzildi. Yodimga adamning gapi tushdi. Uyali telefon – uyatli telefon. Chunki uyali telefonda hamma gapni gapirib bo’lmaydi. Yozib oladiganlar bor.
Hamma qidir – qidirga o’tdi. Putin kostyumini stulga osgan ekan. Telefon o’zidan chiqdi.
-Kim solib qo’ydi buni?- u shunday deb orqaga qaradi. Orqada hech kim yo’q edi. Keyin telefonni yelkasi osha o’sha yoqqa otib yubordi va esiga nimadir tushgandek kulib qo’ydi.
Hamma hech narsasi yo’qligini bir-biriga ko’rsatgandek cho’ntagini qayta-qayta kovlab boshqa xonaga o’tdi. Sport zalidek xona. Kengish. Derazasi yo’q. Tungi klubga o’xshaydi. Bir chetda bar yasalgan-stol ustiga ichkiliklar, yeguliklar qo’yilgan. Bitta “barmen” yigit qo’lida daftar bilan askar kabi qotib turibdi. U “barmen”ga o’xshamaydi, “bartender”ga o’xshaydi. Aslida barmen ham, bartender ham ichkilik quyuvchi. Lekin ozgina farqi bor. Hamma ham “barmen” bo’la oladi. Bu “bar” va “man” so’zlaridan tuzilgan. “Xoda odam” desa bo’ladi. “Bartender” ham ikki so’zdan tuzilgan va “Mulozimatchi xoda”. U o’z kasbini ilmga aylantirgan odam. Shu sohani miridan-sirigacha bilishi kerak.
Lekin bu yigitda ortiqchasi ham bor. U stenografchilikdan tashqari taychidan ham xabardor. Kirganimdan beri ko’zining tagidan menga qarab qo’yadi. U ham meni “tanidi”, shekilli?!
Har bir prezidentning yonida bittadan “soqchi”. Boshqa odam yo’q. Prezidentlar tansoqchilarni erkalata boshlashdi. “Batya” qo’limni ushlab, mahkam qisdi. U asabiy. Kafti terlagan ekanmi yoki hozir terlay boshladimi, qo’lim nam bo’ldi. Shu damda “Batya”ning kecha fedaratsiya raisiga “Xo’rozingni olib kel” degani va keyin “Oqpadarning iti” degan gaplari yodimga tushdi.
Demak, biz prezidentlar uchun “xo’roz” yoki “it”miz. Istashsa erkalatishadi, istashsa tepib yuborishadi.
-Bokschi bilan chumoli nimadan qo’rqadi?- dedi Putin va o’zi javob qildi׃ -Bokschi boshiga musht kelib qolishdan, chumoli esa boshiga oyoq kelib qolishidan qo’rqadi. Hozir hammamiz shu ahvolda. Qani kim boshlaydi?
Jahongir Muhammad
(Davomi bor).
Filed under: Oltinchi qavat | Tagged: тансоқчи, soqchi, tansoqchi |
Leave a Reply